OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Uzoqov
Asar nomiXonning xatosi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muhammad Uzoqov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 3-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xonning xatosi (hikoya)
Muhammad Uzoqov

Buxorodan chiqqan Shohbaxt sulton Sayxunning quyi oqimidagi bobokalonidan qolgan qishlovga yetib keldi. Sulton otdan tushib oʻtov tomon yurdi. Udumga koʻra ulugʻ momosi ovoz chiqardi:

Doʻstlarini kuldirgan xon bobongiz yoʻq endi,
Dushmanlarin oʻldirgan xon bobongiz yoʻq endi,
Kemtik bagʻrim toʻldirgan xon bobongiz yoʻq endi,
Boʻlmas ishni boʻldirgan xon bobongiz yoʻq endi.

Qarindosh-urugʻlar, Abulxayrxon xonadoniga u yoki bu sabab bilan bogʻlangan elning ulugʻlari yigʻildilar. Yoqalarini yirtgancha yaqinlaridan judo boʻlgan ayollar ham kela boshladilar.

Shohbaxt sulton amakisi Shoh Haydarxon yosh bahodirining onasi tomon yurdi. Ayol aytib-aytib yigʻlardi:

Keng dalada kas yogʻiy qaytmas qildi ulimni,
Sabolardan soʻrayman keltir deya boʻyini,
Na cholim bor, na kelin, qoʻmsaydirman ulimni,
Kuymas edim bunchalik, koʻrsam edim toʻyini.

Sulton qulogʻiga alamzada ayollarning aytgan gaplari kirdi:

– Abulxayrxon xonadonining umid yulduzi, ishongan togʻimiz qaytdi. Endi gʻanimlarimiz koʻzla-ridan yosh emas, qon oqadi, qon...

– Qiz-kelinlarimizni olib ketgan Yomgʻurchi, Noʻgʻay mirzalarni keltirib oʻtovimiz oldiga koʻppak qatori bogʻlamasang xumordan chiqmaymiz...

Qator kelinchaklar izilladilar:

– Sultonimizni qoʻydek boʻgʻizlaganlari yetmagandek, norasida goʻdaklarimizni-da chavaqladilar...

Marhum qozikalon Qulmuhammad sayyidning oʻgʻli Nurmuhammad sayyid Qur'on suralaridan tilovat qila boshladi. Qorachin bahodir hamon dardlarini aytib-aytib yigʻlayotgan ayollar tomonga qarab baland ovozda:

– Bas qilinglar! Axir Qur'on oʻqilyapti, – dedi.

Shohbaxt sultondan taskin kutganlar tinchlanmadilar. Axir ularga taskin beruvchi soʻz aytilmadi-da. Oʻtov oldidagi maydonchaga qilingan joyda davra olganlar fotihaga qoʻshilgan boʻlsalar-da, oʻtov ichida ham, sirtida ham yigʻi-sigʻi tinmadi. Sultondan soʻz chiqmagach, davradagilarning koʻpchiligi turib u-bu yumushga unnadi. Shohbaxt ham oʻrnidan turdi. Qipchoq biylaridan birining boybichasi u tomon yurdi.

Choʻzsam qoʻlim salkam oyga yetardi,

Uzun-uzun qoʻllarimdan ayrildim,

ayrildimo-ayrildim.

Shafqat bilmas yogʻiy bosdi ovulim,

Ham qizimdan, ham ulimdan ayrildim,

ayrildimo-ayrildim

Sulton boybichani suyadi. Choʻl shamoli qoraytirgan yuzi yanada qoraydi, ammo ogʻzidan soʻz chiqmadi. Birgalikda qaygʻu olovida yonish, birgalikda oʻchish, soʻngra birgalikda qasos olovida yonish umidida kelganlarning umidlari puchga chiqdi. Sulton bagʻri kuyganlarga taskin berib, ularning dardlariga malham boʻlmadi. Biroz taskin topganlarga qasos haqida soʻz aytib yuraklariga qayta olov yoqmadi. Sultondan hafsalalari pir boʻlganlar orasidan ilgari oʻta goʻzal boʻlgan, hozir esa sochlari toʻzgʻib, bir ahvolga tushgan kelinchak chiqdi. Sulton Oltoyning targʻabatay elidan boʻlgan bu kelinchakni tanidi. Sultonning onasi Oq qoʻzining ham shu urugʻdan boʻlgani bois, kelinchakni «kichik egachim» deb erkalab, hayit, bayramlarda sovgʻa-salom yoʻllaguvchi edi. Sultonning yonidagi yoʻldoshi sekin: «Bechoraning erini oʻldirdilar, oʻzini zoʻrladilar. Yosh qizchasi borligi uchun oʻzini oʻldirmay yurib edi, yaqinda qizi oʻlib qoldi. Hushi oʻziga kelsa tuzuk, hushi boshidan uchsa dalli-devona, qabristonda eri va qizi qabrlari poyida oʻtirib, birov koʻrib, bilmasa oʻsha yerda qolib ketadi», dedi.

Kelinchak soʻnik nigohini sultonga tikdi. Sulton soʻz demadi. Kelinchak burildi, u ayollar orasidan oʻtib qabristonga yoʻl oldi. Ayollardan kimdir: «Uning dardini oʻliklar eshitib, taskin beradilar», dedi. Yuzini sultondan oʻgirgan ayollardan biri: «Sulton Samarqand va Buxoroda yashab oʻzgaribdi. «Ilm kishini qoʻymijoz qilib qoʻyadi» deb eshitar edim, toʻgʻri ekan», dedi. Boshqa biri: «Unda intiqom tuygʻusidan nishon ham yoʻq», dedi. Yana biri esa kuch-quvvatlari, salohiyatlari tufayli doʻstu dushmanning sulton va inisini «Abulxayrxonning yoʻlbarslari» deb atashiga ishora qilib: «Sadqai yoʻlbars ket!» dedi. Ayollar tarqaldilar. Butun vujudi quloqqa aylangan sulton barcha aytilgan gaplarni eshitdi. Uning choʻl shamolida qoraygan yuzi yanada qoraysa-da, soʻz demadi.

* * *

Shohbaxt sultonning Buxorodan qaytib kelgan xabari Sayxunning quyi va oʻrta oqimiga tarqadi.

Bu xabarni eshitgan Burka sulton yaqinlari va a’yonlarini yigʻib soʻradi:

– Endi nima qilamiz?

Burka sultonning otasi Yodgorxon davrida ulugʻ biy boʻlgan Musabiy mangʻitning oʻgʻli Esonbiy:

– Ne qilsak ham bugun-erta qilamiz. Sulton daragini eshitib el yigʻilib xun talab qilsa ish yiriklashadi, – dedi.

Kengashib bir necha oqsoqolni Shohbaxt sulton huzuriga yuboradigan boʻldilar. Oqsoqollar koʻngil soʻrash bahonasida gap olishlari lozim edi. Agar sultonning avzoi buzuq boʻlsa uni tundan tonggacha qoldirmay bosishga, agar murosaga yuradigan boʻlsa shunga qarab ish tutadigan boʻldilar. Oqsoqollar Shohbaxt qoʻngan ovulga yetmasdanoq zoʻrlikning ilojsizligini tushundilar. Shohbaxt ovuli va Burka sulton qishlovi orasidagi keng hududga Abulxayrxonga sodiq biy va botirlarning ovullari joylashib ulguribdilar. Ovulning oʻngu soʻliga Qorachin bahodir va Oqsoʻfi botirlarning ovullari tushibdilar.

Burka sulton yoʻllaganlarni qaygʻu bilan kutib olgan Shohbaxt sulton qahrlanganlarni shashtlaridan tushirib:

– Oʻtganlar oʻtib ketdilar. Oʻtmishni titkilashdan ne naf? – dedi.

– Toʻgʻri aytasiz, sulton, – dedi Esonbiy. – Xonadoningizga, elingizga qilingan bosqinga bosh qoʻshganidan Burka sulton koʻp pushaymon boʻlmoqda. U ham, siz ham shayboniysiz. Qondosh birodaringizning uzrini qabul qiling. Yetkazilgan zararni toʻlaymiz.

Sulton soʻz demagan boʻlsa-da, Shohbaxt kelganidan buyon oʻzini goʻyo shavkatli Abulxayrxon huzuridagi bosh maslahatchi kabi tutayotgan Qorachin bahodir:

– Sizlar xon xonadoniga shunchalik zarar yetkazdilaringizki, olam molini berib ham bu zarar oʻrnini toʻldira olmaysizlar, – dedi.

Kelganlarning boshlari egildi.

– Haqiqatan ham sulton qilmishidan pushaymon boʻlib yetkazilgan zararni toʻlaydigan boʻlsa, shariat hukmi boʻyicha uni kechirishingiz lozim, – dedi Nurmuhammad sayyid.

– Sultoningiz oʻlganlarni tiriltirib bera oladimi? – dedi Shohbaxtning ma’noli boqishiga qarab ham qoʻymagan Qorachin bahodir. – Orada toʻkilgan qon bor.

– Shariatda oʻldirilgan odamga-da xun belgilangan, – dedi Esonbiy.

– Bu yerda xun borasidagi gaplarni bas qilaylik, – dedi sulton. – U gapni Nurmuhammad sayyid va Oqsoʻfixoja bilan bu ovuldan tashqarida soʻzlashingizlar.

Tortilgan taomdan soʻng marhumlar haqiga duo qilgan oqsoqollar qaytdilar. Sultonning soʻnggi gapidan keyin oqsoqollarning koʻngillarida yarash borasida paydo boʻlgan umid uchqunlarini ovul sirtida koʻringan qipchoqlarning changʻaraqlaridan osmonga tutun oʻrlayotgan oʻtovlari soʻndirdi.

* * *

Igna ustida oʻtirgandek besaranjom, bezovtalik bilan oqsoqollarning Shohbaxt sulton ovulidan qaytishlarini kutgan Burka sulton ular kirishlari bilan soʻradi:

– Nima gap?

– Nazarimda hozircha xavotirga oʻrin yoʻq, – dedi Esonbiy, – ammo sulton ovulining girdini yaqinda koʻchib kelgan ovullar qurshab olibdi.

– Shunday boʻlishi ham kerak-da, – dedi xotirjamlik bilan Esonbiyga hamrohlik qilganlardan biri boʻlmish Soribiy. – Axir xon xonadoni bosqin koʻrgan xonadon. Sulton kelgandan keyin ehtiyot choralarini koʻrgan-da.

– Yoʻq, – dedi yuzini tashvish bosgan uygʻur Yaxshilikbiy, – Shohbaxt sulton azaldan tadbirkor, har jihatdan toʻkis yigit. Uning jangdan oʻzga mashgʻulotni oʻzlariga ep koʻrmaydigan qipchoqlarni atrofiga toʻplashi bejiz emas.

– Axir Abulxayrxon xonadoni ustiga bosqin yasagan bir biz emasmiz-ku, – dedi Soribiy.

Burka sulton savol nazari bilan Yaxshilikbiyga boqdi.

– Abulxayrxon xonadoni ustiga bosqin yasaganlar ichida ikkita shayboniy sulton boʻlgan, – dedi Yaxshilikbiy. – Birinchisi siz hazrati oliylari boʻlsangiz, ikkinchisi Iboqxon ibn Mahmudxondir. Xon bizni mustaqillikdan mahrum etgan boʻlsa-da, oʻz qanoti ostiga olib asrab-avaylab edi. Iboqxonning yoʻrigʻi boshqa. Otasi Mahmudxon yurtini Abulxayrxonga berishga majbur boʻldi. Ogʻasi Murtazoxon ota yurti uchun jang qilib oʻz yurtidan ham ayrildi. Iboqxon koʻp sarson-sargardonliklardan soʻng Itilning oʻng sohilida davlat tuzishga muvaffaq boʻldi. Hozir u Rus yerlarini bosib, Qozonga tahdid solarlik darajada qudratga ega. Qolganlar bu yerdan uzoqda. Ahvol shunday boʻlgach Shohbaxt sulton qasos olishni kimdan boshlaydi? Albatta sizdan-da, hazrati oliylari.

– Tomirida Abulxayrxon qoni oqayotgan sultonning qasoskor boʻlmasligi mumkin emas, – dedi Abulxayrxon bilan koʻp bor safarlarda birga boʻlib, uning topshiriqlarini bajargan Burka sulton Yaxshilikbiyga qarab. – Mulohozangiz oʻrinli va gapingizda jon bor.

Ulugʻ biy lavozimiga talabgor raqibining sulton maqtoviga sazovor boʻlganidan Esonbiyning jahli chiqdi.

– Yetkazilgan zarar va oʻldirilganlarning xuni borasida ham gaplashdik, – dedi sulton fikrini oʻz-gartirishga urinib Esonbiy. – Shohbaxt sulton bu boradagi muzokaralar uchun Nurmuhammad sayyid va Oqsoʻfixojalarni oʻzi tomondan vakil qilib tayinladi.

Aytilgan gaplarni diqqat bilan tinglagan boʻlsa-da, bir qarorga kela olmagan Burka sulton tavakkal qilishga qaror etdi:

– Ertaga Shohbaxt huzuriga oʻzim borib bu masalaga oydinlik kiritib kelaman, – dedi.

– Bu nooʻrin tantilik, – dedi Yaxshilikbiy. – Sulton oʻzini tutib sipo soʻzlashgan boʻlsa-da, Qorachin bahodir sizni tiriklayin yeydigan vajohatda.

– It hurar, karvon oʻtar, – dedi Burka sulton. – Elning koʻz oʻngida Shohbaxt menga ziyon yetkazishga botina olmaydi. Men esa uning dilidagilarni uqish imkoniga ega boʻlaman. Sizlar hozir maslahatlashib mening uyur, poda, suruvimdan sulton uchun mol ajratinglar.

* * *

Shohbaxt sulton huzuriga borgan Burka sulton uning rejalaridan voqif boʻla olmadi. Barcha koʻrguliklarni Yaratganning irodasiga yoʻygan Shohbaxt sulton kelganlarning barchasiga birdek muomalada boʻldi. Zarar va xun borasidagi muzokara ham nihoyasiga yetmadi. Burka sulton qaytargan molga e’tiroz bildirmagan Shohbaxt sulton vakillari orqali xun borasidagi masalaning barcha bosqin ishtirokchilarisiz hal boʻlmasligini bildirdi.

Yoz oʻtib, kuz keldi. Koʻngli xavotirga toʻla Burka sulton Shohbaxt sulton bosqinini kuta-kuta charchadi. Elining bir qismini inilari Abulak, Amnak, Abak, oʻgʻillari Elbars va Bilbarslar bilan koʻchirib yuborgan sulton qolganlar bilan qishlovida yota berdi.

* * *

Shohbaxt sulton ovuli. Ovul oʻrtasidagi eshigiga tugʻ qadalgan oq oʻtovning oldigacha ot yoʻrttirib kelgan kishi otini tik ustunlarning biriga bogʻlab oʻtovga kirdi. Nayza, qilich, qalqonini eshik oldida qoldirib oʻtov oʻrtasiga yoqilgan gulxan ustiga osilgan qozondagi sutni shopirayotgan ayol tomon yurdi.

Marhum Abulxayrxonning ayollaridan biri inisiga koʻzi tushib:

– Kel, Tuyoqbiy, – dedi.

Tuyoqbiy gulxan yoniga yozilgan dasturxonga yaqin turgan echki terisiga oʻtirar ekan:

– Opa, yegulik bering, oʻlgudek ochman, – dedi.

– Tomoqqa arzigulik ish qilib keldingmi oʻzi? – dedi kampir.

– Boʻlmasam-chi, – dedi Tuyoqbiy, – tunda Shohbaxt boshliq yigitlar bilan Burka sultonni bosdik ...

Toʻrdagi oʻrindan avval poʻstin, keyin qalin koʻrpa uchdi. Abulxayrxonning aqli kamligi uchun bosqindan omon qolgan oʻgʻli Xoja Muhammad togʻasiga dagʻdagʻa kila ketdi:

– Bu yana nimasi? «Burka sultonni bosdik» deysizmi? Mensiz-a? Abulxayrxon oʻlgan boʻlsa oʻrnini bosadigan oʻgʻli Xoja Muhammad sulton tirik-ku, nega menga bir ogʻiz esa-da aytmadilaringiz? Burka hammangizni qirib yuborsa elga ne deb javob berar edim?

Togʻasi berilgan qator savollarning qay biriga javob berishni bilmay turgan edi, sulton oyogʻiga etikni, egniga poʻstinni ilgancha oʻtovdan yugurib chiqib ketdi.

Jiyanining dagʻdagʻasidan «shu turishda ot minib Burka sulton ovuliga joʻnab yuboradimi?» degan oʻy oʻtgan Tuyoqbiy baqirdi:

– Hoy, qayoqqa?

– Xavotirlanma. Jiyaning yupun holicha Shohbaxt va uning yigitlariga jon tortib soʻgʻish maydoniga ot qoʻyadigan darajada ahmoq emas, – degan kampir soʻradi: – Shohbaxt koʻp talofat koʻrmadimi?

– Yoʻq, Burka sulton gʻaflatda qoldi. – dedi Tuyoqbiy. – Yigitlarimiz ovulning Burka sulton oʻtovlari joylashgan qismiga yetganlaridagina bosqindan xabar topib egniga poʻstinini ilib yalang oyoqligicha oʻtovidan yugurib chiqqan. Ahvolni koʻrgach esa shu holicha oʻzini qamishzorga urgan.

– Tutdilaringizmi?

– Qalin qorda yalang oyoq qochib qaerga ham borardi.

– Mening Xoʻjagumim qolib bobosidagi koʻp xislatlar Shohbaxtga oʻtgan. Sut toʻkkan mushukday shumshayibgina yurib edi bolam bechora. Yoʻlbars-da, yoʻlbarsligini koʻrsatdi.

– Ha, – degan Tuyoqbiy opasi uzatgan sut toʻla gulli yogʻoch kosani oldi. – Qon toʻkilgan joyda tomogʻimdan hech narsa oʻtmaydi. Buni biladigan sulton otdan yiqilib qoʻli singan navkarni ovulga olib qaytishimni buyurdi.

– Xizmatimdagi qiz-kelinlar bosqinda yoʻqolganlaridan buyon barcha yumush oʻzimga qoldi, – deb nolidi kampir.

– Hm-m, – dedi Tuyoqbiy va kosani qoʻyib korsondagi etga qoʻl uzatgan edi hamki, u olmoqchi boʻlgan ustixonni oʻzga qoʻl ilib ketdi.

– Yuz-qoʻlingni yuvmay dasturxonga yoʻlama deb edim-ku, – deb oʻgʻliga choʻmich bilan hezlangan kampir inisiga shikoyat qildi: – Kelinim suygani bilan qochib ketgandan buyon bu tentak boʻlganicha boʻlib qoldi. Endi bilsam yuz-qoʻlini kelin bechora aldab-suldab yuvdirar ekan.

– Yana xotin olib bering-da, opa, – dedi et chaynagancha Tuyoqbiy. – Ana, Burka sulton ovulini bosib, sulton va qator yigitlarni qatl etdik. Qanchadan-qancha juvon beva boʻlib qoldi.

Onasidan uzoqroqda ustixon gʻajiyotgan Xoja Muhammad ogʻzini ochgancha bir necha lahza qotib turdi-da, qoʻlidagini qoʻyib, ogʻzidagini yutgancha apil-tapil kiyinishga tutindi.

– Ha? – dedi onasi.

– Shohbaxt Burkani qatl ettirgan boʻlsa borib bevasini olib kelaman.

Onasi va togʻasini hayratda qoldirgancha Xoja Muhammad sulton, ya’ni orqavorotdan Xoʻjagum tentak deb ataluvchi Abulxayrxonning oʻgʻli togʻasining otini minib Burka sulton ovuliga yoʻl oldi. Shohbaxt sulton va Qorachin bahodir boshliq yigitlar Burka sulton elini bosib, qarshilik qilganlarni chopdilar. Burka sulton va Abulxayrxon xonadoniga uyushtirilgan bosqinda qatnashib qoʻllari qonga boʻyalganlar tutib qatl etildilar. Buzuqlikda qatnashganlar jazolarini olganlaridan keyin el ulugʻlari sultondan rahm-shafqat tilab, qolgan elni panohiga olishini soʻradilar. Mol va jonlarini Shohbaxt ixtiyoriga topshirdilar. Muddaosi ham shu boʻlgan sulton Burka sultonning inilari va oʻgʻillarini topib qatl etmoqchi boʻlganlarga ruxsat bermay ulugʻlar bilan marhumlarni dafn etish maslahatini qilayotgan vaqtda qishlovga: «Toʻxta hov, toʻxta» degancha Xoja Muhammad sulton ot choptirib kirib keldi. Navkarlardan biri koʻpirib ketgan ot jilovini oldi.

Otdan tushgan Xoja Muhammad sulton «biron falokat yuz berdimi» deb oʻtovdan shoshilib chiqqan Shohbaxt sultonga qarab:

– Men marhum xonning oʻgʻli, sen nabirasisan. Shahid boʻlganlar qasdini olish mening haqqim edi. Modomiki sen bu ishni uddalagan ekansan, mayli, men roziman, ammo oʻlja bobida birinchilikni menga qoʻyib berishing kerak, negaki gʻanimlar bosqinida men xotinimdan ayrilganman, – dedi.

Ogʻasining muddaosini kechikibroq tushungan sultonning yuziga Buxorodan chiqqanidan buyon birinchi bor kulgi yugurdi.

– Mayli ogʻa, hohishingiz bosh ustiga. Hali hech kim hech narsa olgani yoʻq. Mana, yigitlarga buyuravering, ogʻa, – degan sulton oʻtovga qaytib kirib ketdi.

Qaddini gʻoz tutgan Xoja Muhammad sulton yigitlarga buyurdi:

– Burka sultonning ahli ayolini keltiring.

Burka sultonning xotini Maloyni keltirdilar.

– Sultonning egachilari, qizlari, boshqa xotinlari yoʻqmi? – deb dagʻdagʻa qildi sulton.

– Sultonning egachilari, qizlari yoʻq, – dedi Burka sultonning mahrami Munakabiy. – Katta koʻchlari, oʻgʻillari elning bir qismi bilan Xorazm tomonlarga ketganlar.

Burka sulton qishning mana shunday tevarak-atrofni qalin qor qoplagan kunlarining birida gʻaflatda yotgan Qoʻjash mirza ovulini bosib, mirzani qatl ettirib, qizi xonzoda Maloyni nikohiga olib edi.

– Bay-bay, – dedi Maloyning yuzidagi yopinchiqni koʻtargan Xoja Muhammad sulton. – Bu ayol buncha goʻzal boʻlmasa. Oʻtov hozirlab mulla toping, shu bugunoq nikohimga olaman.

Oʻzini koʻrmagan boʻlsa-da, Xoʻjagum tentakning ta’rifini eshitib yurgan Munakabiy qoʻlini koʻksiga bosib:

– Xoʻp boʻladi, hazrati oliylari, – dedi.

Maloyni oʻtovidagi ayollar yonida qoldirgan Munakabiy Shohbaxt sultonni bundan ogoh etdi:

– Hazratim, ogʻangiz Burka sultonning bevasi xonzoda Maloyni nikohiga olmoqchi.

– Xoʻsh, nima boʻlibdi? – dedi sulton.

– Axir shariatda iddasi oʻtgan bevani erkak kishiga nikohlash joiz deyilmaganmi?

– Shundaylikka shundayku-ya, – dedi Shohbaxt sulton, chora izlagan kabi Qorachin bahodirga tikildi.

Yoʻqolgan shon-shavkatni tiklash yoʻlida tashlangan ilk qadamning muvaffaqiyatidan mast Qorachin bahodir sultonning marhamati tufayli oʻlimdan qolgan Munakabiyga iddao qildi:

– Nima, oʻlging kelyaptimi? Gʻolibning amri vojib. Bor, sultonning amrini ado et!

Ovulga bostirib kirganlarining ilk damlarida qurolli, qurolsiz bir necha kishini qoʻlga tushirgan sulton yigitlarining boshligʻi ulardan soʻrab edi:

– Orangizda Burka sulton bormi?

Oʻshanda vaqtni choʻzib xojasining uzoqroqqa qochib yashirinishiga imkon berish maqsadida Munakabiy:

– Bor, men Burka sultonman, – deb oldinga chiqdi.

Koʻp oʻtmay yolgʻoni fosh boʻlgan mulozimni Shohbaxt sulton oldiga olib bordilar.

– Nega yolgʻon soʻzlading? – dedi sulton.

Bir muddat sukut saqlab turgan Munakabiy nihoyat oʻlimni boʻyniga olib:

– Xojamning tuzini oqlamoqchi edim, – dedi.

Mulozimning sadoqatidan zavqlangan sulton uning gunohidan oʻtdi.

Taqdirning qayta marhamatiga umid qilgan Munakabiy tixirlik qilgan mullani shashtidan tushirib nikohga hozirlik koʻrilgan oʻtovga kiritib yuborgach, gʻudrandi:

– Ovulini bosib, otasini oʻldirib Burka sulton xonzoda Maloyni nikohiga olib edi. Oradan yillar oʻtib oʻzi ham bosqinga uchrab, qizning otasi kabi qatl etildi. Endi eri qatl etilib, iddasi oʻtmagan ayolni Xoʻjagum tentak nikohiga olayotir. Bu nikoh Abulxayrxon xonadoni a’zolarining tirik qolganlari boshiga qanday kulfatlar keltirar ekan?

Oradan yetti oy oʻtib Xoja Muhammad sulton oʻtovida chaqaloqning «inga-inga»si yangradi. Tugʻilgan bolaning ismini Jonibek qoʻydilar...

* * *

Darhaqiqat, Shayboniylar sulolasining tanazzuliga Shohbaxt sulton beixtiyor yoʻl qoʻygan xatolik sabab boʻldi.

Voyaga yetib Shohbaxt sultonning safdoshiga aylangan Jonibek sulton aslida Xoja Muhammad sultonning emas, Burka sultonning zurriyoti boʻlgan. Shohbaxt sultonning shariat ahkomining poymol etilishiga loqayd qarashi alal-oqibat sulolasining tanazzuliga sabab boʻldi. Bu tanazzul Jonibek sulton avlodlari tomonidan amalga oshirildi.

Qirgʻinlardan Abulxayrxonning nabiralari Shohbaxt va Mahmud sultonlardan tashqari oʻgʻillari Xoja Muhammad, Suyunchxoja va Koʻchkinchxoja sultonlar omon qolib edilar. Shayboniyxon vafotidan keyin taxtga Koʻchkinchxojaxon oʻtirdi. Koʻchkinchxojaxon zamonida xon hazrati oliylarining ajdodlari Hoji Tarxondan Movaraunnahrga kelib edilar. Xon hazrati oliylarining otdoshlari Ubaydullaxon vafotidan keyin Abdulxayrxon va Jonibek sulton avlodlari taxt uchun kurashdilar. Bu kurashda joʻybor shayxlari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Jonibek sultonning nabirasi Abdulla sulton gʻolib boʻldi. Avval otasi Iskandar sultonni taxtga oʻtirgʻizdi. Otasi vafotidan keyin oʻzi xonlik qildi . Buxoro xonligini Shayboniyxon davridagi holatiga yetkazishga muvaffaq boʻlayozgan Abdullaxonni oʻgʻli Abdulmoʻmin sulton zaharlab oʻldirdi. Ilgari oʻtgan padarkush shahzodalar kabi Abdulmoʻminxonning xonligi ham olti oydan ortmadi. Abdulmoʻminxon otasining amirlari tomonidan oʻldirilgach, Miyonqolda uch oʻgʻli bilan jon saqlab qolgan Pirmuhammad sulton xon qilib koʻtarildi. Pirmuhammadxon va oʻgʻillarining joniylar bilan boʻlgan jangda oʻldirilishlari bilan shayboniyxonlar sulolasining Movaraunnahrdagi hukmronligi intihosiga yetdi. Buxoro taxti joniylar qoʻliga oʻtdi.