OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Xayrullayev
Asar nomiDahshat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muhammad Xayrullayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 4-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dahshat (hikoya)
Muhammad Xayrullayev

«Boʻlar ish boʻldi. Taqdirga tan berish kerak, vassalom!» Ahmad Nabiev ana shunday oʻy bilan mashinani garajga kiritib, ikkinchi qavatga koʻtarildi. Ostonaga yetar-etmas, eshikka koʻz tikib oʻtirgan ekanmi, qarshisida xotini paydo boʻldi.
– Tinchlikmi?! Buncha hayalladingiz?!

Ahmad dilidagi gʻulgʻulalarni xotiniga sezdirmaslik uchun gapni qisqa qildi:
– Ha, ish bilan boʻlib vaqt oʻtganini bilmay qopman... – Keyin yuvingani vannaxonaga oʻtib ketdi. Joʻmrakni ochib, yenglarini shimararkan, suvning vannaga shildirab tushishi yoʻldagi jalani eslatdi. Koʻz oʻngida oʻsha yoʻl, tumanli oʻsha qishloq namoyon boʻldi. Kimningdir qichqirgani eshitildi... Yana dilida vahima qoʻzgʻaldi. Joʻmrakni shartta burab, suvni toʻxtatdi. Shatirlagan jala ovozi tinib, qaynoq suvdan hosil boʻlgan bugʻ asta-sekin tarqalib ketdi. «Odam ovozi edimi yoki... Nima deb qichqirdi? Nahot... Yoʻq, odam ovozi boshqa tomondan eshitildi...»

Ahmad shu alfozda bir necha daqiqa oʻylanib turdi-da, katta xonaga oʻtdi. Ovqat ham, choy-non ham dasturxonga keltirib qoʻyilgan edi.
– Ovqat yemayman. Qornim toʻq, – dedi u xotiniga. – Bir yerga borib kelishimiz kerak. Men garajdan mashinani chiqarib turaman. Kiyinib tush. U xotinining javobini kutmasdan ichki xonaga kirib, koʻzoynagini olib chiqdi, soʻng eshik tomon yurar ekan, orqasiga oʻgirilib: – Erkinjon uydamikin? – deb soʻradi.
– Uyida boʻlishi kerak. Hali koʻruvdim. Nima edi?
– Ishim bor.

Ahmad devordarmiyon qoʻshnisining eshigi roʻparasiga borib, qoʻngʻiroq tugmasini bosar ekan: «Bemahalda bezovta qiladigan boʻldim-da», deya xayolidan kechirdi.

Eshik ochilib, boʻsagʻada Erkinjon paydo boʻldi.
– Keling, Ahmad aka, – dedi u mulozamat bilan jilmayib. – Qani, ichkariga, – orqaga chekinib yoʻl bermoqchi boʻldi.
– Yoʻq. Rahmat, – dedi Ahmad uzrnok. – Bir iltimosim bor edi. Agar malol kelmasa.
– Marhamat. Bajonidil.
– Shu paytda bir yerga borib kelishimga toʻgʻri kep qoldi. Mashinaning oʻng chirogʻi ishlamayapti. Shuni bir koʻrib bermaysizmi?
– Jonim bilan, – dedi Erkinjon.
– Boʻlmasa siz tushavering. Men hozir chiqaman.

U qoʻshnisining hurmati uchun eshikni qiya qoldirib, ichkariga kirib ketdi.

Ahmad garajni ochib, shiftdagi osma elektr chirogʻini yoqib ulgurganicha Erkinjon yetib keldi. U oʻng farani ochib, lampochkalardan birini almashtirdi, soʻng Ahmadga qarab:
– Qani, yoqib koʻring-chi, – dedi.

Ikkita fara baravariga yorishib, garaj devoriga nur yogʻildi.
– Rahmat-e! – dedi Ahmad astoydil xursand boʻlib. – Bitta fara bilan hozirgina adirdan keldim. Bilmagandan keyin qiyin ekan.

Ahmad Erkinjonga yana bir karra minnatdorchilik bildirib, mashinani garajdan olib chiqqanida xotini kutib turardi. U ildam kelib, garaj eshiklarini yopishga yordamlashdi. Soʻng bir soʻz qotmasdan oldingi oʻrindiqqa, erining yoniga oʻtirdi. Katta koʻchaga chiqib olganlaridan keyingina yurak yutib soʻradi:
– Qaerga ketyapmiz bemahalda? Tinchlikmi oʻzi?
– Tinchlik, – dedi Ahmad eshitilar-eshitilmas qilib.

Xotini ortiqcha savol berib mijgʻovlanib oʻtirmadi. Umuman Latofat vazmin, kamgap, bama’ni ayollardan. Erining fe’lini yaxshi biladi – muhim gap boʻlsa, vaqti-soati bilan aytadi, boʻlmasa: «Senga qizigʻi yoʻq. Boshingni qotirib oʻtirma!» deb qoʻya qoladi.

Ahmad rulga oʻtirsa bironta mashinani oldiga tushirmas, ayniqsa shahar tash­qarisidagi tezlik cheklanmagan katta yoʻllarda shamolday uchirardi «Jiguli»sini. Dastlabki paytlarda manzilga yetgunga qadar yuragini hovuchlab oʻtiradigan Latofat asta-sekin koʻnikib ketdi. Hozir esa yoʻl chiroqlari koʻkimtir nur sochib turgan, mashinalar ancha siyraklashib qolgan keng koʻchalardan sekinlik bilan oʻtib borishardi. Latofatga bu hol gʻayri tabiiydek tuyuldi. Ular Toshkent – Chirchiq yoʻliga chiqqachgina mashina bir oz jonlandi.

Ahmad ustma-ust sigareta tutatib, yoʻldan koʻz uzmay ketib borardi. Dili xufton, xayollari parishon, uzuq-yuluq. Bir oʻsha tuman qoplagan zimiston qishloqdagi hodisani koʻz oldiga keltirib, uni xotirasida aniqroq tiklashga urinsa, bir mashina olgan kunini la’natlar edi.

Mashina sotib oldi-yu, tashvishi ortdi. Ilgari biron yerga borgudek boʻlsa, uyi­dan chiqib, tramvay yoki avtobusga oʻtirardi-da, xayolan tasavvur qilib yurgan yangi asari haqida oʻylab ketar, manzilga yetgunga qadar oʻz ixtiyori oʻzida boʻlar edi. Borgan yerida bamaylixotir oʻtirar, kezi kelganda ulfatlar bilan qittak-qittak «otib» turar, xullas, erkin qush edi. Endi esa...

Shu mashinasiz ham kuni oʻtayotgan, hayotni, yaqin-yiroqdagi tabiat manzaralarini koʻngliga siqqanicha oʻrganayotgan edi. Olismi, yaqinmi, qaerga otlanmasin, moʻl­jallagan manziliga yetolmay qiynalgan payti boʻlmagan. Odamlarimizning rassomlarga hurmati balandligidanmi, gapi yerda qolmaydi. Har qadamda koʻmak qoʻllarini choʻzib turishadi. Respublikada Ahmad Nabiev bormagan biron manzil, u koʻrmagan biron xushmanzara joy qolmagan hisobi. Hatto choʻponlardan oʻzga biron kimsaning oyogʻi tegmagan Surxon vohasining olis choʻllarida ham boʻlib, anchagina etyudlar, oʻzining iborasi bilan aytganda, «zagatovka»lar bilan qaytgan, keyinchalik oʻshalar asosida yaxshigina asarlar yaratgan edi.

Latofat mashinaga oʻtirganlaridan beri ustma-ust sigareta tutatayotgan eriga bir qarab olib, tek emas, biron hodisa yuz bergan, degan fikrni dilidan oʻtkazdi-yu, xit boʻlib kelayotgan yuragi taka-puka boʻlib ketdi. «Hoynahoy bir narsa boʻlgan. Aks holda bunaqa bemahalda yoʻlga chiqmasdik!»
– Nima boʻldi oʻzi?! – deb yubordi oxiri oʻzini tutolmay, ovozi titrab chiqdi. – Siz ham biron marta bundoq sir bersangiz asakangiz ketadimi?!
– Hali oʻzimam aniq bilmasam, nima deyman!
– Nimani bilishingiz kerak, dadasi? Odamni qoʻrqitmang-da! – dedi Latofat yalingudek boʻlib.

Ahmad rostdan ham nima boʻlganligini aniq aytolmasdi. U faqat gumonsirar, bu gumonlar yuragiga vahima solib, qalbini kemirar edi. Hozir ana shu taxminlarni aniqlash, toʻgʻrirogʻi, ularga chek qoʻyish yoki... mashinada odam bosib, qochib ketgan jinoyatchi degan isnodni koʻtarib qaytish uchun ketayotgan ekan, buni xotiniga aytib, podadan oldin chang chiqarishning nima keragi bor...

Chotqol etagidagi yalang adirga oʻtgan yili bahorda oila a’zolarini lola sayliga olib chiqqan edi. Ahmad oʻshanda xotini, bolalarini ortda qoldirib, adirni yolgʻiz kezar ekan, atrofga suqlanib nigoh tashlar, togʻ etagiga tutash sayxonlikning beqiyos manzarasi uni hayajonga solardi. Qoʻl choʻzsa yetgudek parqu bulutlar orasidan sizib taralayotgan oftob nuri ularga shunaqa beqiyos, antiqa bir rang baxsh etardiki, uni nainki soʻz bilan ifoda etish, hatto moʻyqalam vositasida nihoyasiga yetkazib tasvirlash ham amri mahol.

Ahmadni oʻziga rom qilgan, uni har shanba bu yerga yetaklab kelayotgan kuch ana shu ranglar edi. Bugun ham adirga odatdagidek erta tongda yetib keldi. Kun boʻyi tinim bilmay ishladi. Hatto bir nafas dam olgani, bamaylixotir tamaddi qilgani vaqtini qizgʻandi. Termosdagi choydan bir-ikki piyola ichish bilan cheklandi. U ilhom bilan, berilib ishlagan kezlarida charchash nimaligini bilmas, vaqtning oʻtganini sezmas edi. Bugun ham shunday boʻldi. Quyosh botib, kech kira boshlagan boʻlsa-da, moʻyqalamini qoʻlidan qoʻymas, endi xotirasida qolgan ranglarni etyudga koʻchirar edi. Koʻk yuzini qora bulutlar qoplab, sovuq shamol qoʻzgʻalgandan keyingina ishdan bosh koʻtarib, osmonga nazar tashladi. «Bulutlar bekorga emas. Yomgʻir yogʻadigan koʻrinadi», degan fikrni xayolidan oʻtkazdi. U anjomlarni mashinaga joylashtirib ulgurmasdan maydalab boshlagan yomgʻir zum oʻtmay jalaga aylandi. Hademay qorongʻi tushadi. Buning ustiga jala quyib turibdi. Bu esa yoʻlda yurishni yanada murakkablashtiradi. U bolaligidan olisni yaxshi koʻrmas, shu boisdan hamisha koʻzoynak taqib yurar, kunduzi oftobga qarshi nim jigarrang koʻzoynak taqsa, kechqurinlari rasmona koʻzoynak tutar edi. Lekin, aksiga olgandek, oʻsha oynagi uyda qolgan edi. «Hechqisi yoʻq, – dedi u oʻziga tasalli berib. – Asfaltga chiqib olsam, u yogʻi oson». U koʻtarinki kayfiyatda edi, negaki, bugungi ish barakali boʻldi. Oxirgi etyud ham nihoyasiga yetdi. Uning nazarida rassomchilik biri-biridan murakkab uchta bosqichdan iborat: birinchisi – mavzu topish va ob’ektlar, ya’ni mavzuga, rassom ifoda etmoqchi boʻlgan gʻoyaga mos keladigan manzaralar tanlash, ikkinchisi – etyudlar tayyorlash va nihoyat uchinchisi – oʻylangan mavzuni oʻsha etyudlar zaminida matoga tushirish. Mana, nihoyat ikkinchi bosqich muvaffaqiyatli tugallandi. Toʻgʻri, hali oxirgi murakkab ish jarayonida qisman juz’iy, hatto jiddiy oʻzgarishlar ham boʻlishi mumkin. Oldindan bir narsa deyish qiyin. Buni, ijod, deydilar! Ahmadning oʻz qoʻli bilan yoqib yuborgan tayyor asarlari ham boʻlgan... Har qalay ikkinchi jarayon hozircha nihoyasiga yetdi. Endi koʻlami bir yarimu ikki metrdan iborat taglik matoda ish boshlaydi... Navbatdagi koʻrgazmaning ochilishigacha albatta tugallashga harakat qiladi.Tugallashi shart!..

U allaqachon asfalt yoʻlga chiqib olgan. «Jiguli» bir me’yorda zuvillab ketib borar, shatirlab yogʻayotgan jala hamon tinmas, peshoynadagi tozalagʻich betinim ishlar edi. Osmondagi qora bulutlar tobora pastlashib, quyuqlashib, zudlik bilan qorongʻi tushib kelardi. Ahmad faralarni yoqadigan tugmani bosdi. Ammo oʻng chiroq yonmadi. «Bunisi chatoq boʻldi-yu! – oʻyladi u, soʻng: – Mayli, muhimi chap tomondagi chiroq», – deya oʻziga-oʻzi dalda bergan boʻldi. Mashina tezligini pasaytirib, spidometrga koʻz tashladi. Manzilga yana qirq kilometrcha qolibdi. Uning moʻljalicha, yana oʻn kilometrcha yursa, qishloq markaziga kirib boradi, undan keyin Chirchiq shahri boshlanadi...

Jala tindi. «Xayriyat», dedi Ahmad xursand boʻlib. Ammo shodligi uzoqqa choʻzilmadi. Qishloqqa kirib borganida u yerni qalin tuman qoplab, butun qishloq zimiston tun qoʻynida yotardi. Hatto besh-olti qadam oldindagi narsani ham koʻrib boʻlmasdi. Ahmad nimqora koʻzoynak taqqanidan afsuslandi. Mashina tezligini yana pasaytirdi. Ammo bu yurishda qachon yetib boradi. Xotini ham bezovtalanib oʻtirgandir. Kechki ovqatga yetib kelaman degan edi. Soatga qaradi. Ancha vaqt boʻlib qolibdi. Buncha begʻam boʻlmasa. Atigi bir soat oldinroq yoʻlga tushganda-ku, bu tashvishlaru hayajonlar boʻlmasdi. U ana shunday oʻylar bilan bir oʻzini koyib, bir oʻziga-oʻzi tasalli berib ketib borar ekan, noxosdan «gup» etgan ovoz eshitilib, mashina bir siltanib oʻtdi. Itning gʻingshigani eshitildi. Bironta sanqib yurgan itni urib yubordim shekilli, deb oʻyladi. Mashinani toʻxtatish niyatida tezlikni pasaytirib, roʻparasidagi koʻzgudan orqaga qaradi. Quyuq tuman aralash qorongʻi tun pardasi ortida hech narsa koʻrinmadi.Toʻxtash fikridan qaytib, yana gazni bosdi. Egali it bunaqa paytda sanqib yurmaydi. Daydi it boʻlsa, oʻzidan koʻrsin. Darvoqe, bosganim ham yoʻq. Turtib ketgan boʻlsam, it zotiga jin ham urmaydi. Mashina tezligi ham baland emas.

...Chirchiqqa yetay deb qolganida orqasidan sirena chalib kelayotgan «Tez yordam» mashinasiga yoʻl berdi. Ketma-ket yana bir necha mashina chiroqlarini oʻchirib-yondirib oʻtib ketishdi. U esa imillab ketib borardi. Na chora. Hammasiga oʻzi aybdor. Yoʻlga sal vaqtliroq chiqsa boʻlardi. Koʻzoynakni esa ikkita qilib, birini mashinada olib yursa asakasi ketarmidi?! Mashinaga-ku vaqtida qaramaydi. Darvoqe, qaragandayam nimani tushinardi. Oʻn yildan ortiq mashina minadi. Lekin haydashu benzin quyishdan boʻlak narsaga aqli yetmaydi.

Roʻparadan tepasidagi aylanma chirogʻi lovullab-lipillab yonib kelayotgan DAN avtomobili kela boshladi. Ahmad tezlikni yanada pasaytirdi.Bir farada ketayotganligi uchun toʻxtatib, tanbeh bermasa, degan fikrda yuragini hovuchlab bordi. Yoʻq, xayriyat, zuvillaganicha oʻtib ketdi. Lekin shu zumda xayoliga kelgan bir fikrdan yuragi muzladi. Bordi-yu, it emas, odam boʻlsa-chi?! Yoʻl inspektorlari oʻsha yerga ketishayotgan boʻlsa-chi! Yoʻq, odam emas, odam boʻlsa koʻrar edi. Axir shunchalik basir emas-ki, yoʻl boʻyida turgan odamni koʻrmasa!.. Hali-zamon quvib oʻtgan «Tez yordam» mashinasi-chi? Buncha zudlik bilan qaerdan kelayotgan ekan? Oʻzi turtib ketgan odamni olib ketayotgan boʻlsa-ya!..

Ahmadni yana vahima bosdi. Nega birrov toʻxtab, qaramadi? Uyga biror soat kechroq kirib borsa osmon uzilib yerga tushmasdi-ku!..

U xotinini qoʻrqitib yubormaslik uchun osoyishta bir ohangda:
– Vahima qiladigan hech narsa boʻlgani yoʻq, – deya oʻsha voqeani gapirib berdi. – It boʻlsa kerak, – dedi pirovardida. – Gʻingshigani qulogʻimga chalingandek boʻldi.

Latofatning xayoliga nimalar kelmagan edi.
– Kechasi yoʻlda sanqib yurgan itni turtib ketganingizga shuncha vahimami? – dedi u yengil tortib. – Nima boʻldiykin, deb yuragim taka-puka edi. Xayriyate!
– It emas, odam boʻlsa-chi?
– Hoy, nimalar deyapsiz?! – Latofatning a’zoi badani titrab ketdi. –Itmidi, odammidi?
– It, deb oʻylagan edim... Lekin uni oʻz koʻzim bilan koʻrmagach... Oʻshandan beri koʻnglim gʻash.
– Hoy, nahot odam bilan itning farqiga bormasangiz!
– Tuman qalin edi, deyapman-ku senga... Burning tagidagi narsani ham koʻrib boʻlmasdi...

Ular yana oʻn daqiqacha yurishganlaridan keyin Ahmad:
– Mana shu oʻrtada boʻlishi kerak, – deya mashina tezligini keskin kamaytirdi... – Ha, – dedi yana picha yurishgach, – oʻng tomonimizdagi ana u teraklarga koʻzim tushgandek boʻluvdi.

Ular uzoq masofaga nur sochadigan faralar yorugʻida chap tomonga sinchkov koʻz tashlab ketishardi. Ancha joyga borgach, birinchi tezlikda sekin yurib, orqaga qaytishdi. Ammo shubha tugʻdiradigan biron narsa koʻzga tashlanmadi. Umuman, na yoʻl boʻyida, na undan narida biron tirik jon koʻrinar, qishloq esa tun qoʻynida mudrab yotardi. Hammayoq osoyishta. Demak, hech qanday hodisa yuz bermagan... Lekin oradan ancha vaqt oʻtib ketdi-da. Ahmadning koʻngli taskin topmadi. Xoʻsh, nima qilsin, qaerga borsin?

Ular orqaga qaytishdi.Chirchiq shahriga kiraverishda, militsiya idorasidan soʻrash kerak, degan fikr paydo boʻldi. Balki ular bilishar. Mashinani oʻsha yoqqa burdi.

Navbatchi – militsiya leytenanti unvonidagi yigit uning gaplarini e’tibor bilan tinglab, bir varaq qogʻozga nimalarnidir yozdi. Ism-familiyasiyu turar joy adresini qayd qildi. Soʻng Ahmadning hujjatini koʻzdan kechirar ekan:
– Sizni taniyman. Rasmlaringizni koʻrganman, – deb qoʻydi. – Ahmad aka, xotirjam boʻling, – dedi soʻng jilmayib. – Bunaqa hodisa boʻlganligi toʻgʻrisida bizda hech qanday ma’lumot yoʻq... Biron narsa boʻlsa darrov bizga xabar berishadi.Uyingizga borib bemalol dam olavering.

Ahmadning dili yorishib, mamnuniyat bilan:
– Rahmat! – dedi.

U xushta’b navbatchi bilan xayrlashib, eshik tomon yurdi. Ostonaga yetganida leytenant orqasidan:
– Biron gap boʻlsa chaqiramiz, – dedi.

Ahmadning diliga yana xiralik tushdi. Ammo xotiniga:
– Tinchlik. Hech qanday hodisa sodir boʻlmabdi, – deya uni tinchlantirdi.
– Biram vahimachisiz-ey! – Latofat erkali jilmaydi.

Uyga qaytganlarida soat tungi ikkiga yaqinlashib qolgan edi. Ahmad vannaxonaga kirib yuvinib chiqqandan keyingina qattiq charchaganligini his eta boshladi. Tamaddi qilishga ham xushi boʻlmadi. Yechinib toʻshakka yotdi. Ammo uyqusida halovat boʻlmadi. Kechasi bilan alkash-chalkash tushlar koʻrib, bosinqirab chiqdi.

Va tong yorishishi bilan mashinasiga oʻtirib, yana oʻsha qishloqqa yoʻl oldi. Bu safar maqsad aniq: qishloqdagilardan surishtiradi. Birov boʻlmasa, boshqasi bilar. Lekin kimdan soʻramasin, yelka qisib, xabarimiz yoʻq, deyishdan nari oʻtishmadi. Nihoyat, koʻcha eshik oldidagi supachaga toʻshalgan bir parcha eski sholchada oʻzini oftobga solib oʻtirgan kampirga yaqinlashdi. Salom berib, hol-ahvol soʻragan boʻldi. Soʻng maqsadga oʻtdi. Kampir uning soʻzlarini e’tibor bilan tinglab:
– Voy, bolam, oʻsha sanmiding? – deb soʻrab qoldi-yu, Ahmadni qoʻrquv bosdi.
– Ha, menman... – dedi Ahmad. Oʻz ovozini zoʻrgʻa eshitdi.
– Ha, boyoqish-a, kel, bu yerga oʻtir, – deya kampir yonidan joy koʻrsatdi. Ahmad battar boʻshashdi. Kampir nega achinganday qarayapti menga? Demak...
– Kimni bosibman?..
– Nima deyapsan, bolam?.. Voy-voy ranging boʻzday oqarib ketdi-ya. Men senga odam bosding, dedimmi? Kartishkamizni, bir qop kartishkamizni turtib, sochib ketibsan.
– Rosttanmi?! – Ahmadning koʻzlari chaqnab ketdi.
– Ha-da, – deb javob berdi kampir. – Halitdan beri nima deb javrayapman sanga!
– Uzr, xolajon, – Ahmad xursand boʻlganidan oʻrnidan turib oldi. – Ming karra uzr.

Kampirning kichik oʻgʻli Chirchiq bozoriga eltib sotish uchun bir necha qop kartoshkani yoʻl boʻyiga olib borib qoʻygan. Lekin hadeganda mashina boʻlavermagan. Jala yogʻib, tuman tushgach, ularni uyiga qayta tashiy boshlagan. Oxirgi qopni esa mashina urib agʻdarib ketgan. «Jiguli»ning orqasidan: «Koʻrmisan!» deb soʻkinib qolgan ham kampirning oʻgʻli ekan.

Kampir shularni bor tafsiloti bilan gapirib berib, pirovardida:
– Ehtiyot boʻlib, sekinroq yursalaring boʻlmaydimi? Orqa-oldilaringga qaramaysanlar. Buncha yelib-uchmasalaring! – deya javragan boʻldi. Lekin zahrini sochmadi.

Ahmad kecha oqshomdan beri oʻzini ne koʻylarga solib kelgan jumboqni yechib bergan kampirdan cheksiz minnatdor edi. Undan qayta-qayta uzr soʻrab, mashinasi yoniga qaytdi. Eshikni ochib oʻrindiqqa oʻtirdi-yu, birdan boʻshashib ketdi. Aql-hushini yoʻqotgandek bir nuqtaga tikilganicha uzoq oʻtirdi. Nihoyat qaddini rostlab, choʻntagiga qoʻl soldi. Sigareta olib tutatdi. Shu payt roʻparasidagi koʻzguga koʻzi tushdi-yu, undagi oʻz aksini koʻrib, hayron boʻldi. Kechadan beri soqol-moʻylovi olinmagan, yuzi soʻlgʻin, uyqusiz koʻzlari horgʻin boqar edi.
– Uyga borish kerak, – dedi oʻziga-oʻzi. Bolalari, xotini koʻz oldiga kelib, chehrasi yorishdi.

Ammo motorni oʻt oldirishga yuragi dov bermas, kalitga qoʻl uzatsa, oyoqlari qaltirab, vujudini titroq bosar edi.