OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Xayrullayev
Asar nomiHandalak (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muhammad Xayrullayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Handalak (hikoya)
Muhammad Xayrullayev

Zarifa ertalab har qachongidan vaqtliroq uygʻonib, toʻshakdan turdi. Otasi bilan oyisining ishga ketishganiga koʻp boʻlmagan shekilli, oʻchoqdagi kul bosgan choʻgʻ hali tamom soʻnib ulgurmagan edi. Bir chekkada tepasiga sochiq tashlab qoʻyilgan choydish, non oʻralgan yoʻl-yoʻl pushti dasturxon, uning ustiga toʻnkarib qoʻyilgan qalampir gulli katta piyola turardi. Lekin nonushta qilishga xushi yoʻq, butun xayoli devor ortidagi handalaklarda edi.

Kecha oqshom kechki ovqatdan keyin dasturxon ustida choy ichib oʻtirishganlarida oyisi:
— Handalak ham pishib qolibdi-da, — dedi-yu, shirin hidi anqib turgan sap-sariq handalak Zarifaning koʻz oldiga kelib, ogʻzining suvi qochdi, bir-ikki yutinib qoʻydi.
— Handalak? — deb soʻradi otasi. — Koʻrganim yoʻq.
— Voy, kecha Abdumalik traktorining aravasiga ortib bozorga olib ketibdi-yu. Xoljon buvining oʻzlari aytdi.

Otasi yana nimadir dedi-yu, ular yana nimalar toʻgʻrisida gaplashishdi — Zarifa eshitmadi. Uning xayoli paxsa devor ortida yashil palaklar orasida yumalab yotgan shirin-shakar handalaklarda edi. Hatto kechasi tushida koʻrib chiqdi oʻsha handalaklarni.

Xoljon buvi Zarifalarga devormiyon qoʻshni. Oʻgʻli va kelini bilan birga turadi. Abdunabi traktorchi, kelini esa dalada ishlaydi. Erta ketib, kech kelishadi. Yolgʻiz qolgan Xoljon buvi ba’zan darvozalari oldida yogʻoch kursida oʻtirib oʻtgan-ketganlarni kuzatadi, tanish-bilishlar kelib qolishsa, u yoq-bu yoqdan gaplashib, yuragining chigilini yozadi.

Zarifa uni oʻz buvisiga oʻxshatmoqchi boʻlar, lekin buvisi qotmadan kelgan, bir nafas bekor oʻtirmaydigan serharakat kampir. Xoljon buvi esa — yoʻgʻon gavdali, loʻmbillagan... Uning baqbaqalari osilib tushgan, soʻlgʻin, rangpar yuzi Zarifaga yoqmasdi. Xoljon buvining qoʻrgʻoni kattagina boʻlib, bir qismiga sabzovot ekishardi. Bu yil esa...

Zarifa erinib qadam bosib koʻchaga chiqdi. Xoljon buvi oʻz darvozalari oldida odatdagidek yogʻoch oʻrindiqda yastanib oʻtirar, yonida, sovib qolgan boʻlsa kerak, bir choynak choy bilan piyola turardi.

Zarifa:
— Assalomu alaykum, — deya salom berdi. Xoljon buvi, har galgidek, soʻzlarni choʻzib:
— Va alaykum assalom, — deb alik oldi. — Uzun yasha.

Zarifa unga uzoq qarab qoldi. Buni sezgan Xoljon buvi:
— Yo, Ollo! — deya bir tebranib olib, — choy ichasanmi? — deb soʻradi. Lekin handalak haqida hech narsa demadi.

Zarifa yoʻq, degan ma’noda boshini sarak-sarak qildi.
— Otanglar ishga ketdimi?

Zarifa bu safar, ha, degandek boshini qimirlatib qoʻydi. Shu bilan oʻzaro muloqot tugab, Zarifa hovliga qaytib kirdi. Bir payt oʻchoq boshida turgan pachoq kursiga koʻzi tushdi-yu, qoʻshni qoʻrgʻonga devor osha bir moʻralab, handalak pishgan-pishmaganini oʻz koʻzi bilan koʻrmoqchi boʻldi. Ildam borib kursini devor tagiga keltirib qoʻydi. Kursi «gʻiyq-gʻiyq» qilib likillab turgan boʻlsa-da, uning ustiga chiqib yuqoriga intildi. Yoʻq, boʻyi yetmadi. Kursidan tushib barmogʻini ogʻziga solib oʻylanib qoldi. Ogʻilxona tomiga pichan bosish uchun qoʻyiladigan yengil narvonni esladi. Uni koʻzlari bilan qidira boshladi. Narvon hovli adogʻida ogʻilxona orqasida yotardi. Zarifa, uni koʻtara olmasligini bilsa-da, devor tagidan oʻsha tomonga qarab yurdi-yu, qoʻshni qoʻrgʻondan oʻz hovlilariga suv oʻtadigan huyut-omborga kez boʻldi. Yaqin oʻrtada suv yurmagan ariqcha quruq edi. Zarifa huyutga engashdi. Osongina oʻtsa boʻladigan teshik. Xursand boʻlib koʻchaga shoshildi. Eshikni ochib, qoʻshni darvozaga koʻz tashladi. Hamon mudrab oʻtirgan Xoljon buvi chiyq etib tovush bergan eshikdan bosh chiqargan Zarifaga bir qarab olib, yana pinakka ketdi.

Zarifa huyut boshiga qaytib keldi. Koʻylagining etagini lippasiga qistirib ariqchaga tushdi va emaklab devor tagidagi teshikdan qoʻshni qoʻrgʻonga oʻtdi-yu, yashil palaklar bilan qoplangan polizning biqinidan chiqdi. Ikki qadam narida barglar orasida doʻppidek, sargʻish handalak koʻrindi. Shoshib oʻsha tomonga emakladi. Bir emas, ikkita handalak yonma-yon yotardi. Zarifa ularni bandidan uzib, etagiga solmoqchi boʻlib, endi choʻnqaygan edi hamki, orqa tarafdan sharpa eshitildi. Boshini koʻtarib alangladi. Egat boshida Xoljon buvi turardi. Zarifa qoʻliga olgan handalakni qayta yerga qoʻydi. Xoljon buvi esa hamon miq etmasdi. Zarifa bir unga, bir handalaklarga qaradi va hoʻngrab yigʻlab yubordi. Xoljon buvi buni kutmagan shekilli, shoshib qoldi, gap topmasdan:
— Hay-hay, — deyishdan nariga oʻtmadi.

Zarifaning yigʻisi avjiga chiqdi.
— Hoy, Zarifa, shoshma, — dedi nihoyat Xoljon buvi. — Nega bekordan-bekorga oʻkiryapsan? Bas qil yigʻingni.

Uning gap ohangida doʻq-poʻpisa sezilmasdi. Zarifaning yigʻisi tindi.
— Boshqa qilmayman, — dedi u burnini tortib.
— Handalak yeging kelgan boʻlsa, menga aytmabsan-da. Ha, qizalogʻi tushmagur. Qani, yur ayvonga. Birga oʻtirib handalak yeymiz. Xoljon buvi ketib borayotgan yerida toʻxtab orqasiga oʻgirildi. Zarifa turgan joyida qolgan, hadeb kaftlari bilan koʻzlarini ishqalar edi. — Haligi ikkita handalakni ola kel. Bilasan, mening egilishim qiyin.

Zarifa ikkita handalakni ikki qoʻliga olib polizdan chiqdi.
— Kelaqol, — dedi yana Xoljon buvi. Qoʻlimga suv quyib yubor. Chayib olay.

Bu gaplardan ancha tinchigan Zarifa ildam yurib, ayvondagi supa oldiga bordi, handalaklarni bir chekkaga qoʻyib, kunda qolgan qumgʻonni qoʻliga oldi. Xoljon buvi devor tomonga yozilgan koʻrpachaga, oʻzining odatdagi joyiga oʻtirib, qani, quyaqol suvingni, deganidek, ikki qoʻlining panjalarini bir yonga choʻzdi. Zarifa boʻlib-boʻlib uch marta suv quydi.
— Umringdan baraka top. — Joljon buvi duo qildi. — Endi ana u tunuka lagan bilan pichoqni keltir. Avval suv bilan chayib yubor.

Zarifa u aytganidek qildi. Soʻng handalaklarni olib kelib Xoljon buvining yoniga qoʻydi.
— Ha, balli! Endi yuz-koʻzlaringni yuvib ol. Qiz bolasan axir. Yanagi yil maktabga borasan-a?
— Ha.

Zarifa qumgʻonni bir chekkaga olib borib yuzini yuvib, etagining uchi bilan artdi. Xoljon buvi handalaklardan birini tilimlab laganga terib qoʻydi. Keyin supa etagida tik turgan Zarifaga qarab:
— Nega qaqqayib turibsan? Oʻtir, — dedi. — Ol, olaver. Menga qarama, — uning oʻzi bir tilim handalakni «tuya» qilib, shoshmasdan yeya boshladi. — Mendan hafa boʻlma, bolam. — U ezuviga oqib tushgan shirani sochiq bilan artib, yana gapga kirishdi. — Xoljon buvining miyasi aynib qolgan. Boʻlmasa senga ikkita handalak olib chiqib bersam, davlatim kamayib qolarmidi! Qoʻshni haqqi ham bor-ku... Zarifa, ol, bolam.

Zarifa uchinchi tilimni yeb boʻlib:
— Toʻydim, — deya oʻrnidan turdi. Barmoqlarini chayib, yana Xoljon buvining qoʻllariga suv tutdi. Keyin chelakdan qumgʻonga suv qoʻyib, uni qaerdan olgan boʻlsa, oʻsha joyga eltib qoʻydi.

Uning barcha harakatlarini zimdan kuzatib oʻtirgan Xoljon buvi: «Zuvalasi pishiq bu qizaloqning», degan fikrni dilidan oʻtkazdi.
— Toʻgʻri qilding, — dedi soʻng mamnun boqib. — U mening tahorat suvim. Kunchuvoqda turgani ma’qul.

Zarifa boshini quyi egganicha eshik tomon yurdi.
— Toʻxta. — Xoljon buvi ikkinchi handalakni unga uzatdi. — Ma, uyingga olib chiq. Xoljon buvi berdi, dersan.

Zarifa indamay handalakni qoʻliga olib, bir-ikki qadam bosgan edi, yana Xoljon buvi:
— Shoshma, — deya toʻxtatdi. Bu yerga huyutdan kirganligingni hech kimga aytma. Ikkovimizning oʻrtamizda qolsin bu gap. Uqdingmi?
— Xoʻp.

Bu gap rostdan ham, Xoljon buvi aytganlaridek, sir boʻlib qoldi. Huyut esa berkilmadi.