OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Yusuf
Asar nomiOsmonnig oxiri (doston)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Muhammad Yusuf
Uslub
   - [[:Turkum:{{{a_cat_1}}}| {{{a_cat_1}}}]]
Shakl
   - She’riyat
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
Audio yozuv: http://ziyouz.com/music/Muhammad_yusuf_Osmonning_oxiri.mp3


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Osmonnig oxiri (doston)
Muhammad Yusuf

Osmonning oxiri qayerda, dedim bir donishga. U miq etmadi.
Menga juda yoqdi bu javob.
Osmonning oxiri yoʻq, axir!
Irmoqning oxiri daryo. Daryoning oxiri dengiz.
Osmonning esa oxiri yoʻq. Yoʻl chetida yumalab yotgan toshni tepdim.
Toshdan sado chiqmadi.
Xudoga soldim, degani bu.
Olma shohiga osilib devorga chiqdim. Toʻkilgan meva qumursqalarga ermak boʻldi. Toʻkilgan devor tuprogʻi esa gunohimga gunoh boʻlib qoʻshildi. Tunda paxsakash chol tushimga kirdi. Mening shirin uyqum buzildi.
Xuddi eski devor buzilganiday…
Uyquning oxiri – oʻlim. Oʻlimning oxiri esa yoʻq.
Boʻlsa ham hech kim unga yetgan emas.
Axir oʻlim bu hamma narsaning oxiri-da.
Odamning umri goho yerda yotgan qogʻozcha ham emas.
Ertalab ishga ketayotib koʻrgan qogʻozingni kechda qaytishda ham koʻrishing mumkin. Ertalab koʻrgan odamni esa hamisha kechqurun koʻravermaysan.
Chumoli chumolini oʻligini tashiydi.
Biya qulunidan koʻz uzmay oʻtlaydi.
Oqibat faqat odamlarda yetishmaydi.
Yer odamni boqadi. Kiyintiradi.
Odam esa uni bir kunda sahroga aylantiradi.
Suv odamning mardikori: hosil beradi, tegirmon yurgizadi.
Odam uni oʻylamaydi.
Dunyodagi hamma narsa odamga yaqinlashishi bilan oʻzligini yoʻqotadi.
Odam odamga yaqinlashganda ham topganidan yoʻqotgani koʻproqdir...
Oftob qayerga botadi, deyman bobomga. Osmonning oxiriga, deydi u. Oftob osmonning oxiriga borib botmaydi, balki yigʻlaydi.
Dunyodagi barcha yoʻllarning oxiri - yigʻi.
Dunyoning oxiri - qiyomat ham yigʻi.
Odam yigʻi nimaligini anglab yetguncha yaqinlari olamdan oʻtgan boʻladi.

* * *

Koʻrpangga qarab oyoq uzat, dedim oʻzimga oʻzim bir kuni.
Keyin oʻylanib qoldim. Kim aytgan ekan bu gapni birinchi marta.
Ehtimol, Odam Ato Momo Havoga aytgandir. Yoʻq, bu yaqin kishilar bir-biriga aytadigan gap emas. Bu gap koʻrpasi bir odamlarning gapi emas.
Binobarin, Odam Ato bilan Momo Havoda koʻrpa ham nima qilsin?..
Ibtidoiy odamlar teri yopinib yotishgan.
Qullarning koʻrpasi tuproq boʻlgan.
Feodallar koʻrpa talashishmagan.
Demak, bu ham kapitalizm illati!

* * *

Chaqaloq uchun hamma narsaning boshi-oxiri Ona koʻkragi. Oftobni chaqaloqqa oʻxshatish mimkin boʻlsa, uning boshi osmonning koʻksida. Xoʻsh, Osmonning boshi kimning koʻksida? Togʻlarning boshi Yerning koʻksida. Yerning boshi-chi?.. Bilmayman. Bilmaganimdan hijolat ham emasman. Bu yorugʻ dunyo aslida «bilmayman» degan soʻzdan iborat. Men qachon tugʻilganimni aytib berishgan.
Men qachon yurishni oʻrganganimni yolgʻiz onam biladi.
Qachon tilim chiqqanini ham.
Men birinchi she’rimni qachon yozganimni oʻzim bilmayman.
Xoʻsh qani kim aytadi, oxirgisini qachon yozaman?..

Bilib turib birovga ozor berishdan yomoni yoʻq. Oʻzing ham bilmasdan birovga yaxshilik qilishdan ortiq yaxshilik yoʻq.
She’r yozish ham oʻzing bilmay birovga yaxshilik qilishdan gap.
Haqiqiy she’riyat hamisha oyoq ostida. Misralar qulunlar kabi tuproqqa agʻanab yotishibdi. Tur, choychoq, chopamiz, desang bas. Biz har zamon bir oyoq ostiga boqib she’r topamiz. Keyin uning changini qoqamiz va qancha koʻp yuksak — shuncha koʻp she’r yoʻqotamiz...
Barcha buyuk zotlarning buyukligi ham hokisorligidir!

* * *

Men hozir Yerni ushlab toʻxtataman. Nega tinmay aylanaveradi u?
Nahot zerikmagan boʻlsa?
Yerning oxiri qayda? Tasavvurnichi?..
Aniq raqamlarni jinim suymaydi. Uchburchaklar — tasavvur qafaslaridir.
Xayol choʻmogʻ i qisqa zotlarning umri ham qisqadir.
Mashaqqatning oxiri rohat. Rohatning oxiri yana mashaqqat. Kunning oxiri tun. Tunning esa oxiri yoʻq.
Bir ogʻiz sovuq soʻz bilan diling yana zimiston.
Loaqal, bir kungina kechgacha baxtli boʻlib yurgan odamni topib ber-chi menga!
Siz ming mashaqqat bilan chiqqan choʻqqida kapalak ham bor. Qumursqa ham yashaydi. Sizning bu yutugʻingiz ular uchun oddiy bir turmush tashvishi. Ular kunda-shunda.
Men hidlab toʻymagan bedani biya qasirlatib chaynaydi.
Yalpizni suv oqizib ketadi. Men koʻzimga surtgan suvda qurbaqa choʻmiladi.
Momaqaldiroq dunyoni boshiga koʻtarib hayqiradi.
Yulduzlar qoʻrqib qochib qolishadi. Bulutlar yigʻlashga tushadi. Yer yuzida qoʻziqorinlar tugʻiladi. Har qanday hayqiriq soʻnggida nimadir dunyoga keladi.
Nimadir dunyodan ketadi.
Kulib gul ochiladi — yigʻlab shabnam toʻkiladi.
Daryo toshadi — togʻ nuraydi. Kelin xoʻrsinadi — yanga ermak qiladi...

* * *

Odam dunyoga bir marta keladi. Shu bir kalima soz` bilan qancha savob ishlar qilish mumkin. Shu bir kalima soʻz pinjida qancha gunohga botish mumkin.
Bu gapni qari qiz aytsa , yigʻlaging keladi.
Satanglar aytsa, ensasi qotadi odamning.
Qoʻy oʻsha sevgi-pevgingni, ajrashinglar, deydi boyvuchcha ona qiziga. Odam dunyoga bir marta keladi!
Seni bir haftada onasi oʻpmaganga uylantirib qoʻyaman-e, deydi takabbur ota oʻgʻliga: Ajrash.
Odam dunyoga bir marta keladi!

...Olisga qatnovchi avtobus haydovchisi yoʻl boʻyi xayol surib kelayotganimni koʻrib, meni gapga soladi.
Ha, yigit. Muncha oʻychansiz, sevib qoldingizmi?
Men indamayman.
Sevgi yoʻq, deydi u jahlim chiqqanidan huzur qilib.
Sevgi suvga tushib ketgan. Tohirning sandigʻida...
«Qalay, bopladimmi?» Bu — uning qovoq yuzidagi nim tabassum.
Men undan qutulish uchun jilmaygan boʻlaman. U buni oʻzicha tushunadi.
Endi nasihatga oʻtadi: Xafa boʻlmagin-u, boʻshang yigit ekansan, ogʻayni.
Shunaqa xayol surib yuraversang, xotinsiz qolasan.
— Oʻzingiz sevib uylanganmisiz? Savolim unga yoqmaydi. Shubhalanib bir qarab oladi. Va iddao bilan: Boʻlmasam-chi! Sevgan qizimga uylanganman, deydi.
— Axir, sevgi suvga tushib ketmagan-ku, deyman.
Tohirning sandigʻida.
U endi eshitmaganga oladi. Men hozir chambarakni sherigimga berdim, dam olmoqchiman, deydi. Keyin yana qulogʻimga shivirlaydi: xafa boʻlma, ustident, hazillashdim.
Osmonnig oxiri qayerda, deyman unga jiddiy. U, hech narsani tushunmadim, degandek yelka qisadi.
Mana, u shunday yuragimning yonboshida xurrak otmoqda.
Men uni uygʻotib yuborishdan qoʻrqaman!

Mudroq bosgan dilim,
Aytaman bir sir,
Tangri uyquni-da
Pallada tortar.
Uyqu - ham
Nasiyaga berilgan umr,
Uyqung ortgan sayin
Qarzing ham ortar...

* * *

Mening iste’dodli shoir doʻstim nihoyat bir qizni sevib qoldi. Biz bugun birga kinoga boramiz. Men boʻlajak kelinning dugonasini zeriktirmasligim kerak. Salomlashamiz. Ya’ni, mana bunday: ular mening hali ham qurib ulgurmagan yaltiroq boʻyinbogʻimga qarab jilmayib qoʻyishadi. Bu — qalaysiz, degani. Men ularning belidan yuqorisi nafis koʻylaklariga qaray olmay xoʻrsinaman. Qizlar shoir ogʻaynimning ozgʻin boʻyniga ishora qilib qiqirlashadi.
Ularni bir amallab Eskijuvaga topshirib, tangalarimizni jaranglatib metroga chopamiz. Doʻstim mening yoqamga yopishadi: Qalay bizning qalliqcha?
Boʻlmaydi, deyman. U seni istagan kuni tashlab ketishi mumkin!
Qishlogʻingga ket , deyman.
U ketadi. Uyiga emas — Uzoq Sharqqa. Keyin uyoqdan menga xatlar kela boshlaydi. Ayo, doʻstim, osmonning oxirini topdim. Osmonnig oxiri Uzoq Sharqda — dengizning yoqasida ekan!..

Shoir yarim yildan soʻng, yarim kechada ustimga bostirib keladi. Kayfi taroq — egniga charm kurtka. Choʻntak toʻla pul. Uyni baliq hidi tutib ketadi.
— Bilasanmi, Nilu - (Nilufar) erga tegayotganmish.
Toʻyiga taklifnoma yuboribdi...
Toʻyga bormaslikka koʻndiraman. U tuni bilan uxlamay yozgan she’rini konvertga joylab bevafo qalliqchasiga joʻnatamiz.
Shoir Uzoq Sharqdan faqat baliq hidi emas, yangi maqol ham olib kelgan edi. U deyarli har kuni mendan soʻraydi: Nega men seni oʻzimga doʻst tutdim, bilasanmi? Kim uchundir jonimni berishim mumkin boʻlishi uchun!..
Odam dunyoga bir marta keladi, doʻstim...

* * *

Keng bir oʻtloq boʻlsa. Atrofing koʻm-koʻk maysa. Osmon tip-tiniq. Maysaga yastanib yotsang-u... Oʻlib qolsang!
Bedazorda ana shunday xayol surib yotsam, qanotlari oppoq bir kapalak kelib yelkamga chordona qurib oʻtirib oladi. Salom, ogʻayni. Nega kayfiyating yomon?
Charchadim, dedim unga. Yashashdan charchadim.
Kapalak bir xoʻrsinib joʻnavordi.
Qiziq, unda ham bola-chaqa bormikin?
Kapalakning kapasi qayerda?
Nega shunday ojiz va nafis jonzot ham odamdan yuqorida uchib yuradi.
Baquvvat va vazmin narsalar hamisha oyoq ostida boʻlishadimi? Demak, odam ogi`r-bosiqligi uchun xormi?
Yengiltak va xushomadgoʻy kimsalarni shuning uchun oshigʻi olchi ekan-da...
«Fikrlaringizni jilovlab oling, ular hamma narsaning boshlanishidir».
Haligi kapalakning qanotidagi yozub bu.
Tanishganimdan xursand edim. Tongda men uni bogʻda koʻrdim. Atirgulning shoxida. Kechagi tushkun holatim uchun uyaldim. Uzr soʻramoqchi boʻldim.
Ammo kechidim.
Atirguldan yumaladi kapalak,
Bir silkinib qoʻymadi ham gul shoxi.
Jon talashib, qum yaladi kapalak,
Koʻchdi mening koʻksimga ham titrogʻi.

Men undan Osmonning oxiri qayerda deb soʻramoqchiydim.
Axir, buni faqat oʻsha qanoti ojiz qush bilishi mumkin edi-da...

* * *

Osmon hech kimga qaramaydi.
Bulutlarning ham egasi yoʻq.
Hech kim quyoshni ham meniki, deb ayta olmaydi. Agar shunday da’vogar topilsa, uni devonaga chiqarishadi.
Xoʻsh nega odamlar yerga egalik qilishadi. Atrofini oʻrab olishadi-da, bu yer meniki, deyishadi. Yer talashib bir-birini oʻldirishadi.
Menga ayting-chi, bahorning egasi kim?..
Boychechalning boshligʻi, binafshaning xoʻjayini-chi?..
Ekkaningni oʻrasan. Ekmaganingni esa, koʻrasan, xolos.
Men bolaligim oʻtgan joylarni oʻzgarib ketishini istamayman. Men kimdir oʻtinga moʻljallab qoʻygan qadrdon shotutni odamni sogʻingandek sogʻinaman. Tollar bilan quchoqlashib soʻrashgim keladi. Xuddi qizlarni quchoqlagan singari.
Agar shu gaplarni beda qorovuli eshitsa, xiringlab kuladi. Kel, deydi, ana dala toʻla qoratol, xohlaganingni quchoqla, istaganingcha oʻp:
Gorko!
Osmonning oxiri esa, yalpizning yelkasida. Bir yelkasida. Uning boshqa yelkasi toʻla sogʻinch, muruvvat, muhabbat.
Agar shu gaplarni beda qorovuli eshitsa...

* * *

Osmonning oxiri qayerda, dedim men suygan qizimga. U mening peshonamni ushlab koʻrdi: issigʻing yoʻqmi, ishqilib...
Savolimni takrorladim.
«Osmonning oxiri qaydaligini bilmadim-u, lekin doʻkonga sariyogʻ kelganmish. Agar mumkin boʻlsa, bir gʻayrat qilsalar...»
Hech iloji yoʻq, dedim. Ulugʻ ishlar bilan bandman.
Hali uylanmasimdan ish buyuradi. Ayol zoti, agar unga ishqing tushganini sezib qolsa, burningni yerga ishqaydi. Qaysi dono bobokalon aytgan edi bu gapni?
Ammo kimnidir sevmasdan ham yashab boʻlmaydi.
Osmonnig oxiri esa yoʻq. Boʻlsa ham menga nima?
«Nega allaqanday taka turkmanlarni maqtaysan? Mening qayerim kam ulardan?..»
Koʻylaklari bilan koʻchalarni supurib yurgani uchun yaxshi koʻraman, bildingmi?
Osmonning oxiri turkman qizlarning uzun yenglarida.
Ular qoʻllarini koʻtargan joyda koʻk tugaydi.
Qoʻllari quyoshni toʻsib qoʻyadi...
Qiziq, oʻzi umrimda bironta turkman qiz bilan koʻrishmaganman. Tiliga ham tushunmayman. Lekin yaxshi koʻraman.
Axir, xudoni ham yuzini bir koʻrmay turib yaxshi koʻradi-ku, bandalari.
Muhammad ham uning bandasi.
Uning va muhabbatning bandasi.

* * *

Vokzal qayerdan boshlanadi?..
Vokzal — chiptaxonadan.
Tayyoragoh — pasportni izlashdan.
Xoʻsh, bozor-chi, bozor qayerdan boshlanadi?
Hazilkashroq kishi choʻntakni kavlashdan, deyishi mumkin.
Jiddiyrogʻi xomchoʻtdan, deydi.
Hammasi toʻgʻri. Chunki bozorga hamma har xil xayolda boradi-da.
Kimdir shunchaki zerikib.
Kimdir dam olish uchun.
Birov toʻy taraddudi ila.
Xullas, bozorga hammaning oʻz soʻqmogʻi bor.
Menimcha, bozor darvozadan boshlanadi.
Oʻz darvozangdan chiqib, xarid qilishni koʻzlaganing bozor darvozasidan xatlashinga hamon oʻgaradi-qoladi.
Bozorda, ayniqsa, Sharq bozorida, oʻzingga qoʻshilib yana bir juft qoʻl choʻntagingga kirib chiqayotgandek goʻyo.
Bir zumda non ushoqlariga qoʻling tegib qoladi.
Koreys kampirning xushboʻy karamlaridan totib koʻrish hissi paydo boʻladi.
Arab qizlarining yuzlaridek loʻppi xurmolar yonidan koʻz yumib oʻtib ketolmaydi odam.
Tarvuzlar oʻzlari yumalab oyogʻing ostida oʻyinga tushadi.
Navbatda turib gʻirt suyak goʻsht olasan. Ichinda esa «meni tanidi, suyak qoʻshmadi», degan yolgʻon tasalli.
Inqillab avtobus bekatiga kelasan. Shundagina uydan olib chiqqan maoshing yodga tushadi.
Yopiray, nahotki barini ishlatdim?..
Xurmoni nega oldim?
Tarvuz uyda bor edi-ku!
Ana shunaqa gaplar.
Xoʻsh, bozor qayerdan boshlanar ekan? Bilmadim, bilmadim.
Bilganim — bozor nima bilan tugashi.
Xotin ila janjal bilan tugaydi.
...Oltiariqlik turpfurush choldan soʻradim.
Otaxon, bilmaysizmi, osmonning oxiri qaterda?
Chol meni imlab yoniga chaqairib olib, qulogʻimga shivirladi:

Torozixonda, bolam!..