OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Muhammad Ziyo. Fasl (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Ziyo
Asar nomiFasl (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muhammad Ziyo
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Fasl (hikoya)
Muhammad Ziyo

U sarosimada qoldi. Hamma yoqqa oʻt ketgan boʻlsa-da, ammo unga ziyon yetmadi. Shuurida faqat bir gap: «Hech zamon koʻkdan zaminga qaratib zambarak otiladimi?» Yana ham qattiqroq gumburladi...

Choʻchib uygʻondi, xayriyat tushi ekan. Atrofiga alanglar ekan, jiqqa terga botganini sezdi. Eshikni kimdir zarb bilan taqillatdi...

Kim boʻlishi mumkin? Yana, yana va yana davom etdi... Asta borib eshik koʻz qaragichidan qaradi. Hech kim yoʻq, ketib boʻldi shekilli... Bunaqa hol oxirgi paytlar koʻp takrorlanyapti. Kim boʻlishi mumkin? – dedi yana oʻziga oʻzi.

U maktabda, universitetda ham odamovi boʻlgani uchun deyarli doʻst orttiraolmadi. Borlari ham barmoq bilan sanarli – Doniyor, Abduxoliq, xonadoshi Olim va tagʻin bir-ikkitasi, ammo tanishlari bisyor edi.

Doniyor fizika-matematika, Abduxoliq kimyo-biologiya fakultetida tahsil olgan boʻlsa-da, adabiyot ularni doʻstlashtirgan edi. Talabalik xoʻp davrlar boʻlarkan-da, ular yigʻilib qolishsa, Doniyor va Abduxoliq kelajakda fan doktori, oʻz sohasining yetuk olimi boʻlishi haqida gapirar, Olim esa «Men tugʻilganimdayoq bu sharafli nomga erishib boʻlganman», deb ularning jigʻiga tegardi. Olim oʻqishga tobi yoʻq boʻlsa-da, odamoxun va juda samimiy edi. Nafaqat u balki oʻsha paytlar birga oʻqigan yigit-qizlarning hamma-hammasi hatto hayot ham unga juda samimiy tuyulardi.

Yuvinayotganda ham, oshxonada kuymalanayotganda ham xayolini «Eshikni zarb bilan urgan kim boʻlishi mumkin?» degan savol tark etmadi.

Tayyorlaydigan taomi ham antiqa, – oq moyda piyoz qovuradi. Moyni moʻlroq soladi, non boʻktirib yeyish uchun. Buning tarixi ham oʻzgacha, unda hali talaba edi. Bir kuni xonaga kirgach, «Eshikni qulflavor», dedi Olim kaltni berib, soʻng tumbochkadan xuddi choyga oʻxshash, sal qoʻyuqroq bir banka suyuqlikni likopchaga asta quydi. Shoshib, buxanka nonni qoʻlda ushatib, yoqqa tekkazar ekan: «Qorin tatalab ketdi-yu, qani boshladik» dedi jilmayib. U ham tatib koʻrdi, qorni ochligigami juda mazali tuyuldi. «Dogʻ qilingan oq moy» dedi Olim ixtirosiga ta’rif berarkan. U qaymoqni, saryogʻni, boringki margarinni ham nonga qoʻshib yeganlarini koʻp koʻrgan ammo... Paxta moyini...

Xotini tashlab ketgandan beri ixtiyoriy va majburiy ravishda eng sevimli taomlaridan biriga aylangan shu ovqat.

* * *

Eshikni kimdir bu safar juda muloyim chertdi. U asta borib qaradi, yuzi tanish, «Har holda yomon niyatda boʻlmasa kerak», deb ochishga qaror qildi.
– Ie-ie, ogʻayni, bormisan? – deb bir qoʻlida salafan paket bilan quchoq ochib turardi kursdoshi Toshmat.
– Ey-he, «Kakie lyudi» degan joylaridanu-a, kir, kiraver, – dedi mezbon.

U xijolat boʻlib, ogʻaynisini qaerga oʻtqazishni bilmasdi. Toshmat ham uyga oʻgʻrincha razm solar ekan, tezroq qaytishni moʻljallab:
– Hech narsaga urinma, majlisim bor, qaytishim kerak, – dedi vaziyatni yumshatmoqchi boʻlib.
– Ey, toʻrga oʻt oʻrtoq, toʻrga – dedi mezbon eskirib ketgan gazetadan dasturxon toʻshar ekan.
– Kenjamni, sunnat qiluvdik, bormading, oʻzim xabar olay deb kelaverdim, – Mehmon shunday deya bir shisha aroq va sharbatni stolga qoʻyidi.
– Ye, shunaqami, halollabsizlarda, qulluq boʻlsin, qulluq boʻlsin, tabriklamiz.
– Rahmat, rahmat, birga boʻlsin.
– Endi ellik-ellik olamiz, oʻgʻlingning sogʻligʻi uchun.
– Yoʻq, ogʻayni, keyingi yakshanba toqqami, dala-hovligami boramiz, mening hisobimdan, bugun majlisim bor.
– Ozib-yozib bir kebqopsan, majlisingni qoʻy endi, – deb oʻpkaladi u.

Mehmon har qancha qarshilik qilmasin, piyolalarga toʻlatib aroq quydi. Ichildi-ichildi. Toshmat majlis bahonasi bilan har gal faqat sharbat hoʻpladi, xalos. Shisha yarimlaganda mehmon asta gap boshlamoqchi boʻlgandi eshikni kimdir gumburlatdi.
– Tis-s..., – dedi mezbon labiga barmogʻini bosib.

Hamma yoq jimib qoldi. Mehmon «Nima gap» deganday unga tikildi.
– Ke, shularni qoʻy, oʻzingdan gapir, oʻzingdan, ogʻayni, – dedi mezbon koʻzlari suzilib.
– He, ogʻayni, bilasan, manaman degan nashriyotning rahbariman. Bola-chaqam tinch, har yil ikki-uch marta xorijga boraman, xizmat yo dam olishga... Nyu-York, London, Parij, Tokio yaqinda Pekinda ham boʻlib qaytdim. Televizorda bir soat reportaj berishdi, faqat koʻrmadim dema, – dedi uning koʻzlariga oʻtli nigohiga qadab.
– Yoʻq, koʻrmadim, – dedi mezbon uyalganidan koʻzini olib qochib.
– Qoʻysan-chi, mubolagʻamas, oʻxshatish qil shoir, – dedi hazil aralash oʻpkalab.
– Oʻxshatardim-u, televizorim yoʻq-da, – dedi boshini qashib.
– Ie, qaysi asrda yashayapsan oʻzi, – Toshmat artofga razm solar ekan, – hali radio ham yoʻqdir,– dedi kinoya bilan.
– Qaerdan bilding, avliyo boʻlib ket-ey...– dedi bazoʻr hazil aralash hijolatli holatdan chiqishga urinib.
– Ha, endi bizam devor boʻlmasa, koʻchani koʻramiz-da, – deb kulib davom etdi, – yigirmanchi asr – texnika asri deyishardi, ogʻayni, yigirma birinchi asrni axborot asri, yangliklar asri deyilyapti, sen boʻlsang... Qachondan beri televizoring yoʻq.
– Oʻn yillar boʻldi shekilli, nimaydi.
– Nimamish, axborot asrida oʻn yil informatsiyasiz yashash, zamondan yuz yil orqada qolish degan gap, bilding. Mana, mening uyimda ham, ishxonada ham internet bor, qoʻsha televizorda yuzdan ortiq kanallar, radio, har kun yangi gazeta minglab yangiliklardan boxabar boʻlaman. Ey, bugun odamzot Marsga raketa uchiryapti, bir guruh olimlarni aytish-cha, Yer qizigandan qizib, muzliklar erib, dunyo suv ostida qolarmish, boshqa olimlarning fikricha, aksincha, havo sovib, muzlik davri boshlanarmish. Har soniyada bir yangilik, bir xabar. Dunyoda ochlikdan koʻz yumayotganlar tabiiy ofatlar, urushlarda qurbon boʻlganlarning sonidan ham koʻproq ekan. Bunga nima deysan? Jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan inqirozlarni aytmaysanmi, eh-y... – deb xuddi nutqni qoyil qilayotgan notiqday uyoq-buyoqqa yurib, yana allambalolar haqida berilib gapirdi:
– Ey, ishonasanmi, uydan ishga, ishdan uyga kelayotganda ham notbukimda internetga bogʻlanib yangiliklardan boxabar boʻlaman, sen boʻlsang oʻn yildan beri... Eh oʻn yildan beri olamshumul voqealardan bexabarsan, – dedi Toshmat unga achingandek bir qiyofada.
– Janubiy bilan Shimoliy Koreya qoʻshildimi? – deb yalt etib unga qaradi mezbon.
– Nima... Qanaqa Kareya... Nimalar deb aljirayapsan, – shuncha gapni devorga gapirdimi deganday norizo qiyofada, keyin bir nimani ilgʻagandek boʻlib, – Hech qanaqa kareya-pareya qoʻshilgani yoʻq, dovdir, – dedi toʻngʻillab mehmon.
– Ha-a-a, axborot, yangilik asrida hech qanaqa yangilik boʻlmagan ekan-u, hovosat qilishingni qara-ya, – dedi sharbatdan bir hoʻplab olib mezbon.

Kimdir eshikni yana gumburladi... Bu gumbirlash ikkovini ham bahs kayfiyatidan chiqarib yubordi.

«Jim» deganday qoʻl bilan ishora qildi mezbon.

Bir ozdan soʻng hamma yoq suv sepganday boʻldi. Mezbon yana aroqdan toʻlatib quya boshlaganini koʻrib Toshmatning sabri tugadi.
– Tinchlikmi? Kimdan berkinyapsan, – dedi rangi quv uchib.

Mezbon hech narsa aytmoqchi emasdi-ku, lekin bir kun eshigiga «Platit nado v JEK» deb yozib ketishganini eslab, yana shu takrorlangan boʻlsa, uyalib qolmaslik uchun ham izoh berdi:
– Eh, ogʻayni... Gazdan kelishgandir, balki elektrdandir? Kim biladi deysan...
– Ey, seni qara-yu... Ishlasang boʻlmaydimi, yo ish topib beraymi?
– Gap bunda emas, – dedi mezbon qoʻllarini beparvo siltab.
– Unda nimada, – dedi battar jahllanib.
– Bilasanmi, nimani orzu qilaman.
– Xoʻsh, nima ekan? – dedi suhbatdoshi bepisandlik bilan.
–«Parabolicheskie antenna»ni bilasanmi? Oʻshanaqa quyosh batareyasi ixtiro qilinsa, hamma sotib olsa, uyni isitishmi, yoritishmi, hammasini qilish mumkin boʻladi. Birov eshigingni taqqillatib kelmaydi, «Kamunalingni toʻladingmi?» degan gaplar ham yoʻq, zoʻrmi? Eng muhimi birovga qaram boʻlmaysan, oʻzingga bek, oʻzingga xon.
– Hm... Nima, bizning quyoshdan foydalanganing uchun toʻlamaysanmi? – dedi jiddiy turib.
– A... – dedi mezbon boshiga bir urganday angrayib.
– Ha, – dedi Toshmat uning koʻzlariga baqrayib.

Shunda har ikkalasi ham baravariga xandon otib, qotib-qotib, koʻzlari yoshlanguncha, ichaklari buralguncha kulishdi.
– Ming qilsa ham rahbar rahbar-da, – dedi bazoʻr kulgidan toʻxtab mezbon.
– Nimalar deyapsan, shoxida yursalaring, biz bargida yuramiz, akasi, – dedi unga ayyorona boqib mehmon.

Vaziyat sal yaxshilanganidan foydalanib Toshmat darrov maqsadga koʻchdi.
– Shu desang, besh-oʻn kun avval Azizov domlani koʻruvdim, qoʻlyozmangni maqtab qoldi, hol-joniga qoʻymay ovoldim xafamasmisan, – dedi iljayib.
– Bir katta korxonaning rahbari, ogʻaynim, asarimni oʻqisa-yu, xafa boʻlamanmi? Boshim osmonga yetdi, xursandman, doʻstim, rahmat, – dedi beixtiyor koʻzlari yoshlanib.
– Doʻstim, yaxshi kunlar oldinda, xudo xohlasa, kitobingni oʻzim chiqaraman, kerak boʻlsa, yaxshigina qalam haqi ham yozdirib beraman, – dedi Toshmat gerdayib.
– Nahotki, rostdanmi? Qoʻlyozmani oʻqidingmi oʻzi, – dedi ajablanib.
– Ha, toʻgʻrisi, bir-ikki koʻz yugurtirdim... Bilansan-ku, mingta ishim bor. Umuman asar yaxshi, chop etsa boʻladi, faqat sal tahrir qilish kerak ekan.
– Nima, kim aytdi buni, anavu chalasavod bosh muharriring Natalya Zaxidovnamidi? Oʻsha aytdimi, oʻzi u oʻzbekmi, rusmi?
– Nimaydi... Otasi oʻzbek, onasi rus... Lekin-chi, javob beraman, oʻzbekchani sen bilan mendan yaxshiroq biladi, yoʻqsa oʻttiz yildan beri shu lavozimda ishlarmidi. Mendan oldin ham ishlagan, keyin ham ishlaydi, mana koʻrasan.
– Ishlasa, ishlayvermaydimi, menga nima.
– Tushunsang-chi, nashriyotning oʻz talablari bor, birorta bosmaxona ham buni tahrirsiz baribir chop qilmaydi, – dedi qizishib Toshmat.
– Qani bir koʻray-chi, qanaqa tahrir qipti, – dedi mezbon.

Toshmat ish silliq koʻchayotganidan xursand boʻlib, sekin tavoze bilan qoʻlyozmani uzatdi. U qoʻlyozmani olib varaqlay boshladi. Shunda butun boshli xatboshilarning, sahifalarning ustiga chiziq tortilganini, bu ham yetmaganday bu aslimas, nusxasi ekanligini bilib figʻoni falak boʻlsa-da, tishini-tishiga qoʻyib:
– Asl nusxa qani? – dedi oʻzini xotirjam koʻrsatishga urinib.
– Shu-da, oʻzingning asaringni oʻzing tanimay qoldingmi? – dedi iljayishga harakat qilib Toshmat.
– Ma, yaxshilab qara-chi, – dedi gʻazabi qaynab.

Toshmat qoʻlyozmani olib varaqlay boshladi. Bu rostdan ham aslimas, nusxasi ekanligiga ishonch hosil qilgach:
– Eh, ogʻayni aytdim-ku, ishim koʻp shunga bir-ikki nusxa koʻpaytirib yaqinlarimga bergandim. Taqriz olish uchun, – deb oʻzi oqlashga harakat qilardi u.
– Oldin mendan soʻramaysanmi, toʻnka, – deb yubordi jahl ustida mezbon.

Toshmatning ham nafsoniyati qoʻzidi:
– Oʻzing toʻnkasan! Ey, yaxshilikni bilmagan nonkoʻr, Azizov domla iltimos qilmaganda bu yerga oʻlib qolsam ham kelmasdim. Oʻzingga ham, asaringga ham tupurdim, bildingmi? Aroqxoʻr, alkash, – yana allambalolar deb soʻkinib chiqib keta boshladi.
– Bor yoʻqol, koʻzimga koʻrinma, maraz, – deb jon holatda baqirdi mezbon ham.

* * *

Toshmat mashinaga chiqdi-yu, «hayda» dedi. Uning jahli chiqqanda gʻalati odati bor. Haydovchisi ham biladi, indamay kichik halqa yoʻlidan kattasiga, kattasidan kichigiga, shahar boʻylab aylanaveradi, toki xoʻjayini «Qaerdamiz» demaguncha.

Toshmat ish bitmaganini emas, haqorat etilganini hazm qilolmayotgan edi. U hamma narsaga qoʻl siltashi mumkin, ammo «toʻnka» deyishlariga chidamaydi. U paytlar talaba edilar, oʻshanda ham xuddi hozirgiday gap talashib qolib, butun kursning oldida «Toshmat toʻnka» deganda hamma qah-qah urib kulgan edi. Unga javoban «Talantinggayam, oʻzinggayam tupurdim», degandi. Oqibati shuncha yil oʻtsa ham, hatto rahbar boʻlsa hamki bu laqabdan qutula olmadi. Toshmat oʻsha paytlarda, keyinchalik ham uni «Maymoq», «Alkash», degan bir necha laqablar bilan atardi, ammo negadir unikichalik ommalashmadi.

U boʻlib oʻtgan voqealar haqida oʻyga berilar ekan Azizov domladan ham oʻpkaladi.

Bu oʻzi universitetda ham bir pulga qimmat bola edi, xayolidan oʻtkazdi u. Shu Azizovlar qoʻltigʻiga suv purkab, zoʻrsan, zoʻrsan qilishardi, xolos. «Sen katta shoirsan», deb erkalatib, porloq kelajagidan bashorat qilishardi. Oʻshanda ham sardor boʻlganim uchun bu bola sal gʻalatiroqligini, atrofdagilardan oʻzini bir pogʻona baland qoʻyishini ustozlarga koʻp bora aytganman. Ular boʻlsa, «Shoirlar oʻzi shunaqaroq boʻladi. Shoirni shoir qiladigan narsa, bu uning «meni», deb uni oqlashardi. Mana, «daho shoir»i nima boʻldi oxiri... Nima emish: «Meni tahrir qiladigan hali tugʻilgani yoʻqmish». Menman degan, otasi tengi shoir, yozuvchilar qabulimga kirish uchun navbat kutishadi. Kitoblarining chiqishi uchun barcha talablarga qoʻlini koʻksiga qoʻyib rozi boʻlishadi. Bu-chi, izzatini bilmagan hayvon... Uyining ahvolini qara, hamma yoq ivirsigan, is bosgan gʻorga oʻxshaydi. Koʻzim bilan koʻrmaganimda, bu uyda odam yashaydi desa, oʻlay agar ishonmasdim. «It yotish – mirza turish» shuyam hayotmi? Yolgʻiz yashash! Oʻziyam oʻttizdan keyin uylangan bu ahmoq. Xotini ham tashlab ketib toʻgʻri qilgan, oʻziyam it fe’l, toʻsatdan tashlanib qoladi. Bu bilan bir kun yashagan ayolga haykal qoʻyish kerak. Usti-boshigayu gap yoʻq, soch-soqolni qara, nima emish: «Ikkita Koreya qoʻshildimi?». Tentak, yeyishga bir burda noning yoʻgʻ-u, balo bormi kattalar ishiga aralashib, undan koʻra qorningni toʻygʻiz, eshak. Hammasiga anavi qanjiq sababchi, qoʻlyozmaning nusxasini qoʻltiqlatib yuborgan megajin. Oʻzi katta boshimni kichik qilib bekor keldim-da, shu yoshga kirib bunaqasini koʻrmaganman, salkam bitta aroqni gazaksiz ichib ham mast boʻlmadi. Ichish boʻyicha jahon rekordi oʻrnatsa boʻladi bu rasvo.

Toʻgʻrisi, Azizov domla bilan oshda koʻrishib qolganda korxonaning iqtisodi yaxshimasligi, agar xaridorgir asar boʻlsa jon deb chop etishimni aytib xato qilganman. U ham shuni kutib turgandek, mashinasidagi bir qoʻlyozmani qoʻlimga tutqaza qoldi. Yana «Birga oʻqigansan, bir-biringga yordam qilsang boʻlmaydimi», dedi tagdor qilib. Oʻzim ishdan ortolmayman, kitob oʻqiy boshlasam negadir uyqum keladi. Shuning uchun oʻzimga yaqin odamlarimga oʻqib fikringni ayt, dedim. Biri «Bu asarmas, uzuq-yuluq xom-xatala, oʻzicha bir nimalar qilmoqchi boʻlgan, ammo eplay olmagan, na oxiri, na boshi bor», deganda hafsalampir boʻlgandi. Ertasiga boshqasi «Dahshat, hali bunaqa asar oʻqimaganman, bu Gabriel Markesni ham yoʻlda qoldiribdi», deganda yana qiziqishim ortgandi. Natalya Zaxidovna boʻlsa, «Bos desangiz, yaxshilab tahrir qilib beraman bosaveramiz», degandan keyin yana oʻylanib qoldim. Azizov domla boʻlsa, «Agar shu asarni chop etsang, ham puling, ham obroʻying ortadi», degandi.

Aslida, domlaning oʻzini joʻnatsam boʻlarkan, muallifni roziligin olib bering deb, endi bu it qaysarni vallomati ham koʻndira olmaydi... Koʻnmasa-koʻnmas, unikidan boshqani asari qurib qoptimi, hozir daraxtni tepsang shoir yogʻiladi. Kayfiyat ham rosvo boʻldi. Koʻngilni chigilini yozib, sal oʻzimga kelmasam, infarkt boʻlishim aniq. Oʻzi shundoq ham qisqa umrning yarmi majlisda oʻtyapti, qolganini kimlar bilandir pachakilashib oʻtkazaymi, bor-e-e...
– Oʻ-v qattamiz, – dedi har galgidek xoʻjayin oʻziga kelgach.
– Katta halqada, – dedi haydovchi yelka osha xoʻjayiniga koʻz tashlab.
– Pakkaga hayda.
– Xoʻp.

Toshmat allakimga qoʻngʻiroq qildi. U yoqdan juda yoqimli ovoz eshitildi.
– La-b-ay, bormisiz, akam jonim.
– Ha, bormiz, bormiz, nima bilan bandsiz?
– Sizni kutish bilan.
– Ie, nima bugun uchrashamiz deganmidim?
– Yoʻq, siz uchrashuv belgilamagan boʻlsangiz ham... Yuragim... Qalbim negadir sizni kutaveradi, qoʻmsayveradi... Axir qalbimga buyruq bera olmayman-ku.
– Juda oʻxshatasiz-ey, qaysi institutni tugatgansiz oʻzi, – dedi erkalatib.
– Hayot maktabini, akam jonim, hayot maktabini!
– Xoʻp yaxshi, pakkada koʻrishamiz. Keyin bizga ham bir oz «hayot darsi»dan oʻtasiz, – dedi ogʻzini tanobi qochib Toshmat.
– Ixtiyoringiz, ogohlantirib qoʻyay, men juda talabchanman, – dedi u yoqdagi ovoz.
– Zoʻr-ku, biz ham ja tirishqoqmiz-da oʻziyam, – dedi qiqir-qirir kulib.

* * *

U zarda qilib ketgan mehmonning ortidan eshikni qulfladi... Alamidan qolgan aroqni shishasi bilan bir koʻtarishda ichib yubordi. Ichini yondirdi, burnini atishtirdi, koʻzidan olov chiqib ketganday boʻldi, gazagiga ogʻzini yengiga bosdi.

Ichkilikni gazak bilan... Hech boʻlmasa, bitta nonga ikkita kabob bosib keladi-da nomard... «Oʻzingga ham, asaringga ham tupurdim», dedimi? Axir talabalik yillarimizda hamma qatori oʻzi ham menga havas qilardi-ku, nega endi... Mendan darslarni koʻchirib yuradigan oʻshalar hamma havas qiladigan darajaga erishishdiyu, men... Nahotki Doʻstov domla haq boʻlsa... «Bu bolani koʻp erkalatavermanglar, u yoshlik hissiyotlari bilan yozayotgan boʻlishi mumkin, ijodkor uchun ehtiros emas, ildiz muhim», degan gaplar nahotki rost boʻlib chiqsa...

U talabalik yillaridanoq el nazariga tushgan edi. Markaziy nashrlarda she’rlari chop etilib yaxshigina qalam haqi olar, diplom ishi, dissertatsiyalarni tahrir qilib pul topardi. Shundan boʻlsa kerak, doim chertib kiyinardi. Hatto bir kuni dekanning «Galstugingni ber, majlisga kirib chiqay» degan gapini eslab, hozir ham bolalar kulib yurishadi. Bir yaxshi nashriyotda muharrir boʻlib ishlayotgandi. Matbuotda navbatdagi she’ri e’lon qilindi. She’r tahrir qilingan, qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqarib qoʻygan edi. U ertasi kuni ichvolib, tahririyatning Nazm boʻlimi xodimini oʻlarcha kaltakladi.

Militsiya chaqirildi, hibsdaligida koʻrgani kelgan Azizov domlaga bu mashmashaning sababini tushuntirdi. Domla ham tahririyat rahbariyatiga oqizmay-tomizmay yetkazdi, da’vogar da’vosini qaytib oldi, javobgar ozod etildi. Shu-shu tahririyatlar uning she’rlarini turli bahonalar bilan qaytaradigan boʻlishdi.

Eng qizigʻi, u ishxonaga kelganda, e’lonlar taxtasida oʻzini odob-ahloq qoidalariga amal qilmaganligi uchun vazifasidan ozod etilganligi toʻgʻrisidagi buyruqni koʻrgach roʻy berdi. Avval hammani bir chekkadan boʻralab soʻkdi. Bu nohaqlikka butun jamoani tomoshabin boʻlib turganlikda aybladi. Boshliqqa kirmoqchi boʻldi, ammo u yoʻq edi. Ishxonadagi yaqinlari bir amalab alangani bostirishdi. Birinchi oʻrinbosar uni xonasiga taklif qildi. Ijodini hurmat qilishini, biroq vaziyat qaltisligini aytib, xususiy gazetaga ishga joylashtirib qoʻyishini, ikki barobar koʻp maosh olishini yotigʻi bilan tushuntirdi.

Haqiqatdan ham yangi ishxonasidagilar juda yaxshi kutib olishdi. Barchasi binoyidek, ammo unga rasman emas, konvertda maosh berilishi nafsoniyatiga tekkan boʻlsa-da, jamoaning iliq munosabati umid bagʻishladi. Shu tarzda hayoti bir maromda davom etayotganda ishxonasiga talabalikdagi doʻsti Doniyor keldi. Kafeda uzoq suhbatlashishdi. Nihoyat, doʻsti chet eldagi qandaydir ilmiy markazga ishga taklif qilishayotganini aytdi. U oʻshanda «Shu shartmikin, undan koʻra nomzodlikingni yoqla» deganda, «Ey, ogʻayni, bolalaring kichik, bilmaysan-da, yeyman, kiyaman deydi, hali ularni uyli-joyli qilish kerak», degandi koʻzlarini olib qochib. Shunday oʻktam, bilimdon yigit mayda-chuyda tirikchilik tashvishlariga oʻralashib qolganidan, toʻgʻrisi, hayron qolgandi. Oʻshanda u ilmiy ishi bilan bogʻliq barcha kitob-daftarlarini unga tashlab ketmoqchiligini aytib, «Ularni hech kim senday qadrlamaydi», degandi. Oradan olti oy oʻtar-oʻtmas Abduxoliq ham kelib, Doniyor chaqirayotganini aytib, u ham barcha yozuv-chizuvlarini unga qoldirdi. Keyinchalik eng ogʻiri, ayanchlisi – doʻstlarini chet elga hech qanaqa ilmiy markaz taklif qilmaganini, qora mehnatga, tirikchilikka ketganini bilganda, yuragi tilka-pora boʻldi. Ularning ketish oldidagi uzundan-uzoq suhbarlar magʻzini endi-endi chaqayotgandek boʻldi. Keyin... Keyin alamini aroqdan oladigan boʻldi. Ayniqsa, gazeta tahririyatiga kelganlar «Sizni koʻrish uchun atayin falon joydan keldik», deb bir piyola choyga taklif etishardi, soʻng kayfsafo avjiga chiqqanda, «Siz daho shoirsiz», «Siz buyuksiz», deb hovolantirardilar, undan sari yigit burgut boʻlib she’r oʻqib tashlar.

Hayot shundoq edi bizdan avval ham Biz kelib hech neni oʻzgartirmadik Boshini sevgiga eggandi otam, Men ham boqolmadim muhabbatga tik

Bir kuni yana shunaqalardan bittasi kelib, qizni qandaydir konkursga qatnashayotganligini aytib, she’rlarini tezroq gazetada chiqarib bersangiz, deb iltimos qilib, qoʻliga qogʻozxalta tiqishtirdi. Oʻlganning ustiga tepganday, «Men ichishni tashlaganman, yoʻqsa sizdek buyuk shoir bilan jon deb ichgan boʻlardim», deganday gap qildi. Tomoshaning zoʻri boshlandi...

U oʻsha kuni uyiga kelib uzoq oʻyladi. Haqiqatdan ham «Siz dahosiz» deganlarni toʻqson toʻqqiz foizi gazetada u-bu narsasi bosilgan yo chiqishi kerak boʻlgan mualliflar ekani koʻnglini hijil qildi.

Qachon bu yoʻlga kirdim... Doniyor, Abduxoliqlarni qilgan ishidan oʻpkalab yurardim, oʻzim-chi? Nimalar qilib yuribman oʻzi... Ta’magirlardan butun umr hazar qilardim. Qaerda adashdim... Bariga oʻsha odamlar sababchi, meni aldab-avrab yoʻlga solgan ablahlar... Shu-shu ishxonaga qaytib bormadi.

Erkak er boʻlib ishlamagandan keyin, xotin kishining topgani nima boʻlardi. Bir kuni u uygʻonib, balkon romidan yana oʻsha daraxtiga nazar solar ekan, balkondagi oʻrtoqlarining omonati – kitob-qogʻozlar titilganini koʻrib jigʻibiyroni chiqdi. Xotini ikkita issiq nonni xontaxtaga qoʻydi. «Kim tegdi anavi yozuv-chizuvlarga» dedi zarda bilan. «Nimaydi, bir dastasini makalaturga topshirib, non opchiqdim», dedi xotinni asabiy ohangda. «Nega birovning narsasiga soʻramay tegasan», dedi baqirib er. «Birovniki boʻlsa olib ketsin», dedi xotin tutoqib, «Bu uyda kim xoʻjayin», dedi er koʻzlari qonga toʻlib. «Qoʻlidan bir ish kelmaydi-yu, tagʻin xoʻjayinmish», dedi xotinning alamli yuzlari titrab. «Nima deding, nima deding», deb jizgʻanak er xotinini boʻgʻzidan oldi. Ayol nafasi chiqmay pitirchilar, qizalogʻi esa dadasining oyoqlariga chirmashib, chinqirib yigʻlay boshladi. Er bir siltagan edi, xotin divanga borib tushdi. U oʻkirib, ayuhannos solib yigʻladi. «Shuncha chidadim, endi oʻzingni ham uyingni ham yelkamning chuquri koʻrsin», dedi-da, chiqib ketganicha qaytmadi.

U yolgʻiz yashab oʻrgangan, ammo ochlikka emas. Xontaxtadagi nonning ham uch-toʻrt kundan beri suvi qochib qolgan ekan. Bir burdasini sindirib ivitib yeya boshladi, sal oʻziga kelgach, qilayotgan ishidan oʻzi uyalib koʻziga yosh keldi.

Shu qadar ojizmanmi? Men hali kimligimni, nimaga qodirligimni koʻrsatib qoʻyaman, xayolidan oʻtkazidi u.

U birdan nimadir esiga tushgan odamday tez kiyindi, non va uvoqlarini chaqqon yigʻishtirib, oshxona derazasining tokchasiga qushlar yeb ketar degan oʻyda tashlab qoʻydi.

Keyinchalik haqiqatdan ham qor-yomgʻirlar ostida ivigan nonni qushlar choʻqilab yeganini koʻrgach, koʻngli ancha taskin topadi.

U toʻgʻri doʻsti Olimning doʻkoniga bordi. Maydalashib oʻtirmay, maqsad-muddoga koʻchdi. Kitob chiqarish uchun besh yuz dollarga pichib qarz berib turishini iltimos qilib, qalam haqi hisobidan qaytarishga va’da berdi. Oʻshanda doʻstining ishlari zoʻr boʻlmasa-da, yordamga muhtoj ogʻaynisining siniqib qolgan yuzlariga qarab pulni qaytara olmasligini bilsa-da, hayotida birinchi bor hech kim, hatto xotini bilan ham maslahatlashmay pul berib yubordi. U yoʻl-yoʻlakay gazeta doʻkonidan bir quti siyoh rang ruchka soʻradi. Uyiga keldi-da, anchadan beri oʻylab yurgan mavzusini doʻstlari qoralagan ilmiy ishlar varogʻining orqa tomoniga birin-ketin tushira boshladi. Ikki yil ichida yangi romanini yetti variantda yozib, oʻziga ma’qul boʻlgan eng oxirgi, mukammal variantini Azizov domlaga yetkazgan edi.

Mana natijasi, u alamdan zir titradi, koʻzi Toshmatning majlisni bahona qilib, ichmagan arogʻiga tushdi. Piyolani alamdan titrayotgan qoʻllariga oldi. Yuragini tub-tubidan bir tuygʻu tuydi: «Uni devorga urib, chil-chil qilib sindir», yana tuyqus «uni bir koʻtarishda ich». U bir koʻtarishda piyolani boʻshatib oʻzini tobora quyuqlashib kelayotgan zulmat qa’riga tashladi....

* * *

U eshik gumburlashidan choʻchib oʻygʻondi. Boshi gʻumbillab ogʻriyotganidan aroq qoʻlbolamasmikan deb oʻyladi. Soʻngra «Bitta aroqni gazaksiz ichgandan keyin har qanday bosh xum kalla boʻlsa ham yorilib ketadi-da», dedi oʻziga oʻzi. Shu tobda tomogʻi qaqrab ketganini his etdi. Kechagi sharbat ichilgan stakanni olib oshxonaga bordi. Stakanni chayishga ham sabri yetmay, muzdek suvdan toʻlatib ichdi. Stakandagi sharbat yuqisiga yopishib, qotib qolgan mayda-mayda chang zarralariga koʻzi tushdi. Va Ibn Sinoning «Agar chang boʻlmaganda, inson ming yil yashar edi», dagan gapini esladi. Uning peshonasida muzdek, mayda-mayda ter paydo boʻldi. Yana boshi aylana boshladi. Devorni paypaslab balkonga chiqar ekan, tizzadan pasti yoʻqdek, xuddi choʻkkalab borayotganday his qildi oʻzini. Haliyam kayfim tarqamadimikan, deya xayolidan oʻtkazdi u.

Tashqariga qaradi. Qarshisidagi sevimli daraxtining barglari juda soʻlgʻin, xuddi quriyotganga oʻxshab qoʻrindi. Koʻzlarini kattaroq ochdi, balki kuz kelib barg toʻkayotgandir, degan oʻyda atrofga razm sola boshladi. Osmon bulutli. Pastda yashil maysalar... Qorni tagida ham labbay deb koʻm-koʻm boʻlib koʻrinish berib turadigan qurmagur maysalarga qarab ham hech nimani anglay olmadi. Daraxtlar... Daraxtlar ancha olisda, qaragan sari koʻzlari tinadi. Yaqinlarida esa archalar... Archalar esa qishin-yozin...

U shu nomini ham bilmaydigan, sirli daraxtga qandaydir bogʻlanib qolgan. Bu asli boshqa yurtlarda oʻsadigan daraxt barglari tolnikiga oʻxshash, biroq tikkaga qarab oʻsishi bilan farqlanadi. Ular koʻchib kelishganda endiganiga oltinchi qavatga boʻy choʻzgan, endi boʻlsa quloch yozib, toʻqqiz qavatli uy bilan boʻylashgan edi. Koʻpincha shamolda shoxlari derazaga urilgan paytlari «Ey Xudo, ishqilib, sinib ketmasin» deb nola qilganlarini eslar ekan, oʻshanda daraxtni oʻylaganmidi yoki derazanimi, bilolmadi.

U oʻgirilib, taqvim qidira boshladi. Devordagi ikki minginchi yilning kalendariga koʻzi tushdi. Ikki minginchi yil, asrlar almashuvi, bolaligida bu juda uzoq manzilga oʻxshab koʻrinar edi. Endi-chi, ancha-munchasi oʻtmishga aylanib boʻldi. Shu taqvimni ilayotganda xotini: «Eskicha kitoblarda yozilishicha, ikki minginchi yilda qiyomat boʻlar emish», deb koʻzyosh qilgandi.

Kalendar juda abgor holda sargʻayib, mayda-mayda teshikchalar paydo boʻlgan, xuddi yuz yillik matohdek. U soʻnggi vaqtlarda faqat kechki tomon doʻkonga non olishga chiqardi. Shundagina hozir qaysi fasl, qaysi oy, qaysi kunligini soʻrab bilishi mumkin edi. Lekin unga qandaydir ichki kuch «Sen izlasang, topasan» dedi.

Yana derazadan qaradi. Roʻparadagi toʻqqiz qavatli uyning pod’ezdidagi oʻrindiqda bir kampir jun roʻmol, qalin paltoga biqsinib oʻtirganini shoxlar orasidan bazoʻr koʻrib, demak kech kuz degan fikrga keldi. Ammo sal oʻtmay oʻsha pod’ezdan chiroyli, sochlari yoyilgan ayol, egnida koʻksiini koʻz-koʻzlovchi kofta, kalta yubkada chiqib, mashinaga oʻtirib joʻnab ketdi. U endi bu aniq bahor degan toʻxtamga keldi. Shunda yoʻlakdan qoʻy yetaklagan bir moʻysafid koʻrindi. Boshida doʻppi, usitida chakmon, ortidan ikkita bola meva yeb qoʻyni haydab borardi. Hasan-Husan boʻlsa kerak, bir xil shim va yengi kalta futbolkada, orqasida boshga kiyadigan qopchigʻi ham bor edi.

Yaxshiyam bu yerlarda vaqti-vaqti bilan qor yogʻib, hamma yoqni oqlikka boʻyaydi, yoʻqsa na tabiatga, na odamlarga qarab faslni ajratib boʻladi. Hamma yoq bir xil... Bir xil... Bir xillikdan zerikib oʻlish hech gap emas, deya xayolidan oʻtkazdi u.

Qoʻyni qaerga olib ketishayotganikin, toʻygami, ma’rakagami? Qurbon hayiti yaqinmikin, deya oʻylay boshladi. Unga oʻsha muqqadas kitoblardagi oʻqigani, toʻgʻrirogʻi Odam (a.s.)ning oʻgʻillari Qobil va Hobilni esga soldi.

Ularda izohlanishicha, Qobil va Hobil bir qizni sevib qolishadi. Shunda Odam (a.s.) ularga Tangri yoʻlida qurbonlik qilishni buyuradi. Kimning qurbonligi qabul qilinsa, qizni oʻshanga nikohlab berishini aytadi. Keyin... Keyin... Qobil dehqon boʻlgani uchun mevalaridan qurbonlik qiladi. Hobil chorvodor boʻlgani uchun bitta qoʻchqorni qurbonlik qilgandi, adashmasam... Unda... Unda... Odam (a.s.) yer yuzidagi birichi paygʻambar boʻlsa, keyingisi, keyingisi... Idrismidi?.. Yo...

U nimanidir eslashga harakat qilib, boshlarini barmoqlari bilan mahkam ushlab, fikrini jamlashga harakat qildi.

Keyin... Keyin Xudmidi, yo Nuhmidi, ulardan keyin yanglishmasam, Ibrohim (a.s.) oʻgʻli Ismoilni Tangri yoʻlida qurbonlik qilmoqchi boʻlganda, Xudo unga qurbonlik uchun jannatdan bir qoʻchqor chiqarib bergani haqida rivoyat qilingandi agar xotiram pand bermasa... Oʻyga tola boshladi tagʻin.

Gar shunday ekan, Hobil va Ibrohim (a.s.) qurbonlik qilgan qoʻchqorlarning farqi nimada... Nimada edi... uning boshi yorilib ketguday ogʻriy boshladi. Nega bu haqda oʻylay boshladim, bu narsalar miyamga qaerdan kelyapti? Nima, men ichib olib, muqaddas kitoblarni tahlil qilyapmanmi yo mast emasmanmi... Men kecha ichganman, bugun emas, demak mast emasman. Nega unda xuddi mast odamdek chayqalyapman, boshim ham aylanyapti, tizzamdan pasti yoʻqqa oʻxshayapti. Odatda mast holimda shunday boʻlardi, demak kayfim bor. Unda bu narsalar miyamga qayoqdan kelyapti. Ilm deganlari tuygʻu bilan bogʻliqmi? Yo kayfiyat bilanmi? Men qanday kayfiyatdaman? Yaxshimi? Yomonmi?... Tagʻin qandaydir ichki kuch «Sen izlasang, topasan» dedi. «Nimani... Nimani topishim kerak», hayqirdi u.

Bilgani, bilgani shu ediki, agarda hozir faslni oʻz kuchi, oʻz idroki bilan aniqlay olsa hammasi iziga tushadigandek, ana shundagina u nimaga qodirligini koʻrsatib qoʻygandek boʻlardi goʻyo.

Eshik gumburladi... Yana va yana gumbirladi...

Uning uchun hech narsaning ahamiyati qolmagan edi. Faqat va faqat hozir qaysi faslligini aniqlashdan boshqa... Shunda yana daraxtga koʻzi tushdi, «Unga qurt tushgan boʻlish mumkin-ku», dedi oʻziga oʻzi va daraxtning barglarini uzib koʻrmoqchi boʻldi. Qoʻllari daraxtga, daraxt ham unga tomon uzaldi. U endi ushlayman deganda, qulay boshladi. Jon holatda kir yoyiladidan dorga chirmashdi, ammo ip uzilib ketdi. U oltinchi qavatdan qulab jon taslim qildi...

Bir pasda organ xodimlari yetib kelishdi. Guvohlar koʻz oʻngida eshikni buzishdi. Xonada biqsib qolgan dim havoni eshikdan kirgan yelvizak stoldagi qoʻlyozma varaqlariga qoʻshib derazadan uloqtirib yubordi. Qoʻlyozma havoda yengil parvozlandi. Varaqlardan biri aylanib-aylanib uning ochiq, hali dunyoga toʻymagan koʻzlarining ustiga tushdi.

Sud-ekspertiza xulosalariga koʻra, bu ichkilik oqibatida yuz bergan baxtsiz tasodif ekani isbotlandi. U aslida shoir boʻlib, na bir kitob chiqqan, na biron ijodiy uyushmani a’zosi edi. Shunga qaramay chet el ommaviy axborot vositalariga xudo berdi: «Falon mamlakatda bir shoirning oyoq koʻlini bogʻlab, ogʻzidan aroq quyib, oʻn oltinchi qavatdan tashlab yuborilgan» degan xabar tarqatildi.