OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Muhammad Ziyo. Gʻashlik (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Ziyo
Asar nomiGʻashlik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Muhammad Ziyo
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gʻashlik (hikoya)
Muhammad Ziyo

Ular oilada besh farzand edi – toʻrt oʻgʻil va bir qiz. Toʻngʻichi qiz u hamisha uy ishlari bilan band, onasiga yordamchi ismi... buning ahamiyati yoʻq. Oʻgʻillarning kattasi shu kech kuzda oʻn ikkiga toʻladi. Ismi Eshmat... Undan ikki yosh kichkinaning ismi Oʻlmas. Aytgancha, asli ismi boshqacharoq... Chaqaloqligida bir oʻlimdan qolgandi shu-shu Oʻlmas, Oʻlmas... Yana ikkita jiblajibon bor. Biri birinchi sinfni tugatdi, kenjasi bogʻchada. Ularni ismi... buning ham ahamiyati yoʻq. Ahamiyatlisi, bolalarning otasi oʻz qoʻli bilan yasagan oddiygina shkafda edi. Otasi duradgor boʻlmasa ham qoʻli gul edi, kichkina randasi bilan ancha-muncha ishlarni bemalol qilardi.

Onasi «bolalarga shkaf olib beraylik» deb, javranib yurgan kunlarning birida, otasi ayvonga rom-deraza yasashga kirishdi. Bir yoʻla shkaf yasashni ham oʻylab, qoʻshnilarning shkafidan andoza oldi. Shkafning hech qanday antiqa joyi yoʻq, besh boʻlimasi bor, eshigi ikki tavaqaliy va oynavand, ikkinchi qavatidan to beshinchi qavatgacha joylashtirilgan narsalar shaffof tarzda koʻrinish berib turardi. Ammo eng pastki qavati bundan mustasno, eshik yopilganda hech narsa koʻrinmaydi. Eng yuqoridagi qavati – eng toʻngʻich farzandga, undan pastdagi ikkinchiga, keyingisi uchinchiga, yoʻgʻ-e... nimagadir shu yerda chalkashlik roʻy bergan. Uchinchi qavati – toʻrtinchi farzandga, toʻrtinchi qavati esa beshinchi farzandga va nihoyat eng pastki qavat uchinchi farzand – Oʻlmasga tegishli edi. Bu tartibni kim va qachon, nimaga asoslanib tuzganini hech kim bilmaydi. Oʻzlari ham shu paytgacha oʻylab, qiziqib koʻrishmagan. Ayanchlisi, bu holatni qanday boʻlsa shundayligicha, tabiiy qabul qilinganligida edi. Onasi har dam olish kuni xonalarni va shkafni tartibga keltirishni talab qilardi. Bu aslida unchalik ogʻir ish emas-u, lekin ular uchun negadir oʻlgudek qiyin, oʻta zerikarli hisoblanardi.

Eshmat katta oʻgʻil boʻlgani uchun undan talab qilinadigan ishlar ham anchagina – ena-bola sigir, besh-olti qoʻy va tovuqlarga qarashi kerak... hovlidagi ekin-tikinga ham vaqt-bemahal yordamlashish, piyoz oʻtash, suv qoʻyish, oʻt oʻrish ham uning gardanida.

Yoz chillasi havo qizigandan-qizisa-da, soya-salqinda nafas rostlash, dam olish, hatto ariq boʻylarida rohatlanish mumkin. Nima boʻldi-yu, Eshmat «Robinzo Kruzo»ni qayta oʻqimoqchi boʻlib qidirdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, unga tegishli shkaf boʻlmasning agʻdar-toʻntar qilingan, estaliklar daftari yirtilgan edi. Bir zumda barcha xotiralari yoʻq qilinganday boʻldi. Yozgi ta’tilda emasmi, oʻn-oʻn besh kundan beri shkafga qaragani yoʻq. Shu kunlarda opasi yoki hech qaysi ukasi bilan jiqqamusht boʻlgani yoʻq. Demak, bunga kamida bir hafta, oʻn kun boʻlgan deb oʻyladi u. Oxirgi marta qaysi biri bilan gap talashganini-yu, ularda daftarni yirtishga arzugulik sababni eslay olmadi. Kayfiyati tushib, asbiylasha boshladi. Bir kun kenja ukasi opasi bilan gap talashib qolganda, kenjatoy oyogʻi ostiga stul qoʻyib, shkafning eng yuqori boʻlinmasini agʻdar-toʻntar qilib tashlagandi. Eng kichigi shunday qilgandan keyin, bu ishni hammadan gumon qilish mumkin. U Oʻlmas qilgan boʻlishi mumkin, deb oʻyladi. Shu tobda uning ham shkafini agʻdar-toʻntar qilib tashlashni xohlardi. Ammo Oʻlmasning narsalari shundoq ham ivirsib yotibdi –eski-tuski kitob-daftarilar, buzuq radio, hatto velosipedning ehtiyot qismilarimi-e, hammasi bor. Ba’zan onasi bozordan tansiqroq yegulik olib kelib, bolalarga taqsimlab berganda, Oʻlmas shuni ham boʻlmasiga yashirib, hammaniki tamom boʻlgandan keyin, koʻz-koʻz qilib yeydi.

Sevimli kitob ham bir yoqda qoldi. Xayollar har tomonga sochilib ketdi. Koʻnglida bir gʻashlik paydo boʻlganini sezdi. Yoʻq, paydo boʻlgani yoʻq, u anchadan buyon buni his etib yashaydi. Negadir hozir bir gʻimirlab qoʻydi. Bu hol avvallari ham boʻlgan, bu qandaydir noxushlikdan darak edi.

* * *

Har kuni shu ahvol. Kechga tomon ogʻilxonada yumush koʻpayib ketadi. Mol, qoʻy, tovuqlarga qarash, yana boshqa yugur-yugurlar. Ish tigʻiz paytda Oʻlmas jigʻibiyron boʻlib Eshmatning yoniga keldi-da:

– Meni veligimga kim tegindi, – dedi zaharlik bilan.

– Bilmadim, – dedi akasi bosh koʻtarmay.

– Sendan boshqa hech kim bu ishni qilmaydi, qanotini qara egvoribsan.

– Velig-peligingni bilmayman, bor joʻna, ishingni qil!

– Kecha seni shkafingni kimdir titgan, sen esa buni mendan koʻrib, alamingni veligimdan olgansan. Toʻgʻrimi, tan ol, toʻgʻrimi?

– Menga qara, bor joʻna, jahlimni chiqarma!

– Hali shunaqami? Zoʻrmisan, urishasanmi, urishasanmi?... Endi oʻzingdan koʻr!

Oʻlmas velosipedini bir chetga suyab, kinolardagi kun-fu-chilarga oʻxshab, qoʻllarini har tomonga aylantirib, beoʻxshov ovoz chiqara boshladi.

– O-v-u..u... aj.. aj-a-a-a...

Bir-ikki oydan beri Oʻlmas ikkita-uchta ogʻaynilari bilan oʻzlaricha toʻplanishib, karate bilan shugʻullanib yurardi. Hozir Eshmat shuni eslab, miyigʻida kuldi-da, – Rostdan urishmoqchimisan? – dedi.

– Ha, kuching yetadimi? – dedi ukasi hamon qiliq koʻrsatib. Negadir uning harakatlari oʻziga yarashmasdi.

– Yur, hovlining etagiga oʻtamiz, – dedi nihoyat Eshmat boshi bilan imo qilib.

– Boʻldi, gap yoʻq, ketdikmi? – dedi Oʻlmas xuddi shuni kutib turgandek. Hovli etagiga yetganda Oʻlmas yana oʻsha beoʻxshov luqmalar qilib, tovush chiqarib sakray boshladi. «O-v-u..u... aj.. aj-a-a-a...»

Eshamat nari-beri qilib oʻtirmadi. Mehnatda pishgan chayir qoʻllari bilan shartta yoqasidan oldi-da, oyogʻiga kelishtirib bir tepgandi. Oʻlmas shilq etib yiqildi. Akasi chap qoʻli bilan mushtimzoʻrning boʻynidan boʻgʻib, chap tizzasi bilan koʻkragidan bosdi. Oʻlmas jon berayotgan tovuqqa oʻxshab pitirlar, shunda ham tiliga erk berib, har balolar deb aljirardi. Shunda Eshmat bor kuchini oʻng qoʻliga yigʻib, ammo negadir yarim kuch bilan uning basharasiga bir tushirdi-yu, ukasini qoʻyib yubordi. Oʻlmas voy-voylab qoʻli bilan yuzlarini berkitgancha oʻkirib yigʻlab, uy tomonga keta boshladi. «Yaxshi boʻldi-da, qaytib sakramaydigan boʻldi», dedi akasi ichida.

Eshmatning koʻngli birdan boʻm-boʻsh boʻlib qoldi. Ammo bu uzoqqa choʻzilmadi, tagʻin qandaydir gʻashlik chulgʻadi. Bu ertaga otasidan yeydigan kaltakning tashvishi edi.

* * *

Yoz kunlari. Yarim tun, yulduz toʻla osmonda oy suzadi. Mayin shamol, chigirtkalarning chirillashi tinmaydi. Hamma-hammasi gʻoyatda goʻzal, ammo...

Odatlariga koʻra, bahordan to kuzgacha erkaklar, tashqaridagi sim karavotlarga hobgohni qoʻchirishardi. Eshmat uxlab yotgan Oʻlmasning yoniga sekin kelib, uning yuziga qaradi, oyning yorugʻida koʻzining tagi koʻkarib, qontalash boʻlib qolganligi bilinar-bilinmas sezilardi. Yana vahima bosdi.

Ertasi kechgacha hech kimga hech narsa boʻlmaganday hamma oʻzi bilan oʻzi ovora boʻlib yurdi. Eshmat «Nahotki Oʻlmas hech kimga, hech nima aytmagan boʻlsa,» deb hayratlandi...

Ota-onasi turadigan uyning dahlizida stol-stul, muzlatgich va non saqlaydigan sandiqqa oʻxshash bir yashiq boʻlardi. Tomosha kechki tomon aynan oʻsha dahlizda Otasi ishdan qaytgach, yashin tezligida roʻy berdi. – Otasi Eshmatdan nima boʻlgani, ayb kimdan oʻtgani, kim haq, kim nohaq deb surishtirib oʻtirmadi. Uyga qamab, «qizprushni bolasi» deya soʻkingancha, ura boshladi. Eshmat «Ota, otajon, jon otajon» deb yigʻlashdan, takrorlashdan toʻxtamasdi. Xona tor boʻlgani uchun qochib qutilishning ham iloji topilmasdi, zarbalardan biri bolaning koʻkragiga tegdi. U yashiqning ustiga orqasi bilan yiqilib qoldi. Shundan soʻng kaltaklash toʻxtadi. Ammo Eshmatning ingrashi tinmasdi. Otasining «Oʻchir ovozingni» degan baqirigʻidan soʻng, u unsiz yigʻlay boshladi.

Otasi tashqariga chiqib, Oʻlmasga:

– Sen ham kattani katta deb izzatingni bilgin – deb tanbeh berib qoʻydi, xolos.

Eshmat nasibaga yarashasini olvolib, tashqariga chiqdi, hali bilinmagan ekanmi, beli nimagadir achishib ogʻrirdi. Keyin «otajonlab» yigʻlaganini eslab battaroq ezildi.

«Nimaga Otajon dedim, ota ham shunaqa boʻladimi? Soʻrab-surishtirmaydimi mundoq? Kimdan oʻtdi, nimadan boshlandi, kim aybdor? He-yoʻq, be yoʻq kaltaklagani-kaltaklagan», deb ichida nolidi. U odatda otasidan tayoq yeganda ishtonini hoʻllab qoʻyar va kaltak battar avjiga chiqardi. Bu safar hartugur ishtonini hoʻllamagani uchun oʻzini katta boʻlib qolganday his etdi. Yanagi safar kaltak yeganda otajonlashni ham bas qilishim kerak, dedi oʻziga oʻzi. Biroq belidagi achishish tarqamadi.

«Bu dunyodagi eng baxtsiz bola ikkita boʻlsa, biri menman, agar bitta boʻlsa, oʻsha bittasi ham oʻzim». U xuddi oʻzini oʻgayday his qildi. Qaytaga oʻgay boʻlganida bunchalik ezilib yurmasmidi? Begona ota, begona ona, aka-uka yoʻq, kimdan, nimadan xafa boʻlasan, begona begona-da deb qoʻl siltab ketaverasan», oʻyladi u. Uning hayotida quvonchli kunlar ham, tashvishli kunlar ham koʻp boʻlgan, lekin uning nazarida, azoblisi koʻproqdek tuyuldi. Yana beixtiyor ikki-uch oy oldingi buzoq voqeasini esladi. Oʻshanda buzoq arqonidan boʻshalib ketib, sigirni emib qoʻygan, ustiga-ustak hovlidagi ekin-tikinlar payxon boʻlgan edi.

* * *

– Doim qoʻling uchuida ish qilasan, kurmak boylashni bilasanmi oʻzi? – oʻshqirdi otasi.

– Hm... – dedi mingʻirlab Eshmat.

– Qani boyla-chi.

Eshmat buzoqni bogʻlay boshlagan edi. «Unday emas», – dedi otasi bolaning yuziga tarsaki urib. Bolaning koʻzidan duvillab toʻkilayotgan yoshlar otasining kurmak usulida bogʻlashni koʻrishga halaqit berar, ularni artib ulgurolmasdi.

– Qara, avval chap qoʻling bilan arqonning bir uchini qayirib ushlaysan, keyin oʻngi bilan bir aylantirib, nargi uchuini chap qoʻlingga olasan, chapdagini esa oʻngiga olib tortasan, koʻrdingmi?

U hech nimani koʻra olmaganligi sababli yana oʻzi bilgan eski usulda bogʻlay boshlagan edi.

–Unaqa emas, koʻrmisan? – dedi-da, oʻgʻlining yuziga yaxshilab tushirdi.

Eshmat ishtonini hoʻllab qoʻydi. Shungami, boshqa sababdanmi otasi tutoqib ketdi, birin-ketin zarbalar yogʻdirdi. Rosa ta’zirini yegandi oʻshanda.

Eshmatni nazarida oʻshanda ham nohaq kaltaklangandi. Aybi yoʻq emas, bor albatta, lekin ish taqsimlashda adolatsizlik qilingan edi. «Nima uchun hamma ishni faqat men qilishim kerak. Ukalarim ham bor-ku, nega ular hech bir ish qilishmaydi. Axir men yetti yoshimdan mol-holga mustaqil ravishda qarab kelayapman-ku, nega oʻn yoshli ukasi Oʻlmas hozirgacha qarashmaydi. Maktabga boradi-keladi. Koʻchada daydiydi. Hech boʻlmasa tovuqlarga qaraganda ham Eshmatga ozroq yordam boʻladi. Yoʻq bunday qilishmaydi, chunki bitta yetim, oʻgay Eshmat degan quli bor. Tamom-vassalom. Buzoq boʻshalib, sigirni emib qoʻyibdi. Xoʻsh, nima boʻpti? «Osmon uzilib yerga tushdimi?» Bularga mol kerak, buzoq kerak, sut kerak, pomidorlar-u, uning joʻyagiga ekilgan bachki ham kerak...

Ammo.. zinhor va zinhor Eshmat kerak emas. Farzand kerak emas», xayolidan oʻtkazdi bola.

* * *

Har bir tong yorishib kelsa-da, har doim ham yorugʻlik olib kelavermas ekan. «Inson yaxshilikni tez unutadi, ammo yomonlikni hech qachon unutmaydi», degan aqida toʻgʻri shekilli, har holda u avvallari turli sabablar bilan bir yilda bir marta yaxshigina kaltaklanar edi. Bu yil esa ikkinchi marta xuddi shunday kaltak yeganini eslab, ichi zil ketdi. Koʻz oldi qorongʻilashib, yuragi siqilib, boʻgʻziga nimadir tiqilganday boʻldi. Hovli etagidagi teraklar ostida oʻralashib nimanidir izlar, lekin nima ekanligini oʻzi ham bilmasdi. Havoni dimligi battar nafasini qisayotgandek boʻldi. Alam qiladigani koʻnglidagi gʻashlik tark etmayotgan edi. Oldinlari bunday dilxunlikdan soʻng biror hodisa yuz berar, oʻsha koʻngilsizlikdan keyin toʻlgʻoqdan qutilgan xotindek boʻm-boʻsh boʻlib qolar edi. Bu safar esa aksincha,

Gʻubor tarqalmay qaytaga gʻashlik, tugun ogʻirlashib, kattalashib borayotganligini his etdi.

«Nega hamisha men aybdor boʻlishim kerak. Nega? Nima uchun? Qachongacha? «Bunday otam boʻlganidan, yetim boʻlganim yaxshi emasmi?» deb yubordi Eshmat beihtiryor

Billur osmon bir chayqaldi-da, birdan gumburlab yirik-yirik yomgʻir tomchilay boshladi. Qoʻni-qoʻshni, xotin-halaj shosha-pisha dordagi kiyimlarni yigʻishtirar va hamma oʻzini panaga ura boshladi.

Eshmatga goʻyo endi baribirdek, qoqqan qoziqday turaverdi. Sochlari, yuzlari, yelkalariga yogʻayotgan yomgʻir iliq edi. Sochlari, ust-boshidan badaniga sizayotgan yogʻin allanechuk yoqimliday. Bir yoqda quyosh, bir yoqda yomgʻir, ammo bu koʻpga choʻzilmadi. Birov buni «boʻri bolaladi» desa, boshqasi «Bu shira-ku» derdi. Eshmat «Nima boʻlsa boʻlavermaydimi?» deya ogʻir xayollarga choʻmdi.

Yomgʻir tingach, kamalak koʻrindi. Hamma bolalar qiy-chuv qilishib tomosha qilishar, sakrashar, oʻynashar, bundan ularning ota-onalari ham zavqlanishardi. Biroq bu Eshmatning gʻashlik choʻkkan koʻnglini koʻtarolmadi.

* * *

Yoz chillasi. Ayni peshin mahali. Qilt etgan shamol yoʻq. Kishini lohas qiladi. Koʻpincha qishloq odamlari bu vaqtda soya-salqin uyda dam olishadi. Tabiiyki, Eshmatlarninikida ham shunday. Opasi yarim chaqirimdan olib kelgan suvini avval yerga qoʻydi-da:

– velosipedini yana joy quriganday shu yerga qoʻyibdi, – deb uni yetalab borib uzum soʻkichagi ustuniga suyab qoʻygandi, qanoti ustunga tegib qiyshayib qoldi. Bu oʻsha Oʻlmasning velosipedi edi.

Eshmat buni kuzatib turib, oʻylanib qoldi. Opasining dam olishga kirib ketishini kutdi. Shundan soʻng Eshmat Oʻlmasning velosipedini olib koʻchaga chiqdi, oʻrtogʻi Yoʻldoshnikiga bordi. U ham velosipedini olib chiqdi. Choʻmilishga ketishdi. Ularning qishlogʻi Qumqishloq deb ataladi. Ular quyoshchiqar tomonga yoʻl olishdi. U yoqda katta ariq bor. Ikki qirgʻogʻi yoʻl, oʻng tomonida katta daraxtlar bor, chapida esa yoʻq, shu sababli oʻtgan mashina, traktorlar yoʻlning tuprogʻini xuddi undek mayin holga keltirgan. Eshmat bir kalla tashlab ariqning uyogʻiga chiqdi-da, issiq tuproqqa bagʻrini berib choʻzildi.

– Oh-o, mazza, – dedi.

Orqasidan Yoʻldosh ham oʻzini suvga otdi, suvdan chiqib oʻrtogʻ yoniga keldi-da:

– Ie, nima boʻldi? –deya soʻradi Eshmatning belidagi kechagi qashqaga ishora qilib. Bu oʻsha otasidan yegan kaltakning asorati edi. Uning boʻgʻziga nimadir tiqildi.

– A... kecha... ogʻilxonada toyib ketuvdim, – dedi va shart oʻrnidan turib, bir kalla tashlab ariqning uyogʻidan chiqdi. Apil-tapil kiyinib, yoʻlga tushdi. Yoʻldosh hoy-hoylaganicha qolaverdi.

Eshmat hamma narsaga chidashi mumkin, ammo xoʻrlikka emas. Nega bunchalik siqilayapman, axir bari oʻtdi-ketdi-ku, balkim Yoʻldoshning dadasi chet elga xizmat safariga borib, qaytishda bolalari uchun koptok olib kelganligi uchudir. Oʻshanda, «Nega men ham shu oilada tugʻilmaganman», deb anchagacha afsuslanib yurgandi. Shunga boʻlsa kerak, Yoʻldoshning gapi juda ogʻir botdi. U ayni paytda hech kimni koʻrgisi, eshitgisi kelmasdi. Faqat telbalarcha velosipedni uchirar ekan, ming bir xayol koʻchasiga kirib chiqdi. Uni bema’ni javobsiz savollar qiynardi.

U velosipedda kunbotar tomonga qarab yelib borardi. Badanidan tomchilayotgani termi yoki suvmi? Bilolmadi. Yuziga, koʻksiga muzdek shabada urilsa-da, badani choʻgʻdek qizirdi.

U ancha vaqtdan keyin sal oʻziga kelib, atrofga qaraganda butunlay boshqacha manzarani koʻrdi. Begona dalalar, yoʻllar, zovuri qazilgan doʻngliklar. Oʻtlab yurgan mol-qoʻylar ham notanish. Bu «Boʻston» qishlogʻining yoʻllari edi. Eshmat shu tobda juda charchaganini, uyga qaytishi zarurligini, bundan ham ogʻirrogʻi koʻksidagi gʻashlik tobora gʻujmaklashib borayotganini his etdi.

Uyga yetib kelganda unga hech kim roʻbaroʻ kelmadi. Velosipedni toʻgʻri borib soʻkichakni ustuniga suyab qoʻydi. Ammo yaxshi oʻrnashmagan ekanmi, sidirilib ustunga tiralib qoldi, qanoti qiyshaydi. Eshmat uni koʻrsa-da, beparvo oʻz ishiga yoʻnaldi.

* * *

Eshmat shu kunlarda ancha oʻzini oldirib qoʻydi. Buni onasi sezib, otasiga bir nimalar degan shekilli, Eshmatni oromgohga yuborishdi.

Bu oddiy qishloq oromgohi boʻlsa-da, dam olish, koʻngilochar oʻyinlar yaxshi tashkil etilgan. Uch mahal ovqat, oʻyin kulgi, yana nima kerak. Eshmat kelgan kunining ertasiga futbol oʻynab sal chalgʻigandek boʻldi. Ammo bu ham koʻpga choʻzilmadi. Yana oʻsha mavhum gʻashlik koʻnglini egalladi. Oromgohga kelganining toʻrtinchi kuni yakshanbaga toʻgʻri keldi. Rahbarlar koʻrinmas, katta tarbiyachi va yordamchi tarbiyachilar qolgan edi. Kun ancha erkin oʻtar, bolalar qiy-chuv qilishar, anhordan chiqmay rosa yayrashardi. Dam olish soatidan soʻng guruhlarga boʻlinib yana qiziqarli oʻyinlar boshlandi. Eshmat esa shunchaki tomoshabin boʻlib turdi, xolos. Guruhdoshlaridan biri kelib, uni darvoza tomonda yordamchi tarbiyachi chaqirayotganini aytdi.

Tarbiyachisi yoniga chaqirib, narsalarini yigʻishtirishini, uni olib ketgani amakisi kelganini aytdi. Bola hayron boʻldi. Uningcha javob berishdan oldin qandaydir rasmiy qogʻozlar toʻldirilishi, direktormi, boshliqmi, kimdir ruxsat berishi lozim edi. Bugun dam olish kuni, kattalar yoʻq boʻlsa, yordamchi tarbiyachi qanday qilib oʻzicha javob berishi mumkin.

Usti-boshini yigʻishtirib jomadoniga joylab, tarbiyachi bilan amakisi gaplashib turgan joyga bordi. Koʻrishdi, gaplashdi, ammo hech narsa anglay olmadi. Tarbiyachi: – Boʻpti, sen boraver, men oʻzim rahbarlarga tushuntirib aytaman, – dedi.

Eshmat amakisi bilan avvaldan yaxshi kelishmaydi. Undan bir gap olish amri mahol, shuning uchun tarbiyachiga qarab: – Tinchlikmi, nima gap ekan? – deb soʻradi. – Sen boraver, xavotir olma, rahbarlarga oʻzim tushuntiraman, – dedi yana tarbiyachi qoʻzlari olib qochib.

«Kecha bir bola ikki soat yoʻq boʻlib qolganda hamma oyoqqa turgan, rosa toʻpolon boʻlgan edi. Bugun esa hech narsadan hech narsa yoʻq menga butunlay javob berib yuboryaptimi? Tinchlik boʻlsin ishqilib», oʻyladi u.

Mashina ikki-uch uy beriroqda toʻxtadi. Eshmat mashinadan tushishi bilan yoʻlning ikki chetida uzun yogʻochlarning ustiga koʻrpacha tashlab oʻtirgan mahalladoshlarini koʻrdi. Ularning bu holati qaldirgʻochlarning simyogʻochlarga tizilib oʻtirishini eslatardi. Bola gangib qoldi. Qoʻrqibgina amakisi ortidan ergashdi.

Eshmat hovliga kirganda tanigan-tanimagan odamlar har tomonda yurishar, amakisi uni opasi turgan uyga olib kirdi.

Eshmat opasining yigʻidan koʻzlari shishib ketganini koʻrdi.

– Nima boʻldi, opa tinchlikmi, – yigʻi aralash soʻradi ukasi.

– Keldingmi? Ke, ukaginam, – deb Eshmatning boshini qoʻllari orasiga oldi-da, xuddi kayvoni ayollardek, peshonasidan oʻpdi, koʻzlarida shashqator yoshlar oqdi, Eshmat ham qoʻshilib yigʻladi.

– Biz ham bilmaymiz, otam avariyaga uchrabdi, hozir kasalxonada emish, ahvoli ogʻir deyishyapti.

– Oyim qanilar?

– Narigi uyda oʻzlaridan ketib qoldilar, xolam qarayaptilar, bir ozdan soʻng seni oʻzim olib kiraman, xoʻpmi? – dedi opasi.

– Xoʻp, xoʻp deyapman-ku, – yigʻlab javob berdi uka.

– Boshqa koʻylaging bormi? – soʻradi opasi.

– Qanaqa koʻylak?

– Ustingdagi qizil ekan. Koʻkmi, qorasimi, bormi?

– Nega?

– Shunday qilish kerak. Yoʻqsa, odamlar gapiradi.

Eshmat sumkalarini titkilay boshladi.

– Koʻk koʻylagim yoʻq, oq-qora katak boʻladimi? –deb yigʻlamsirab soʻradi.

– Boshqasi boʻlmasa, mayli, oʻshani kiya qol,– dedi opasi.

Opasi oʻzidan bor-yoʻgʻi ikki yosh katta boʻlsa-da, xuddi kattalardek, xuddi momolardek oʻzini tutishini, yupatishini koʻrib hayron qoldi. Umuman bu narsalarni qaerdan, qachon, kimdan oʻrgangan, onasi yarimjon boʻlganligi uchun ham uy yumushlari opasining zimmasida ekanini esladi. Oʻsha kuni yana bir narsani tushundi: u hamisha oʻzini xoʻrlangan, kamsitilgan deb hisoblar edi. Ammo shu tobda opasiga oʻzidan koʻra ming chandon qiyinroq boʻlganligini his etdi. Eshmatning boshidan oʻtganlari azob boʻlsa, allaqachon opasi oʻlib ketishi kerak edi-ku. Nega unda yashab yuribdi? Qolaversa, opasi biror marta hayotdan, na otasi, na onasidan noliganini eslay olmadi. Qachondan beri quyuq tumandek, koʻnglida turib qolgan gʻashlik yoʻqolgandi. Bu gʻashlik qachon, qaerda yoʻqolganligini eslayolmadi. Endi uni koʻngli hech narsani sezmayotgandek, boʻm-boʻsh boʻlib qolgandi. Bu yaxshilikkami yoki...

Tashqariga chiqdi. Ayvondagi shkafni eshiklari qiya ochilganini koʻrdi. Yopib qoʻyish uchun yaqinlashar ekan, shkafdan qandaydir badboʻy hid kelardi. Eshmat darrov oʻzicha tushundi – Oʻlmas yana boʻlar-boʻlmas narsalarni shkafiga solgan boʻlsa kerak, deya oʻyladi. Mana oqibati, shu paytda, qanday qilib tozalash, tartibga keltirish mumkin. Hovliga hamma kirib-chiqib turgan boʻlsa, qarindosh-urugʻ, mahalla-koʻy nima deb oʻylaydi. «Qani endi yer yorilsa-yu, yerga kirib ketsang», koʻnglidan oʻtkazdi Eshmat. Shu tobda uning chap koʻksiga nimadir qattiq sanchildi. Avvallari koʻnglini qandaydir gʻashlik qoplardi. Bu esa aniq ogʻriq, sanchiq edi. Uning mitti yuragi sanchayotgan edi.