OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Muhammad Ziyo. Tush (hikoya)
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Ziyo
Asar nomiTush (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Muhammad Ziyo
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tush (hikoya)
Muhammad Ziyo

Bu togʻmi? Balandlikmi? Buning umuman qizigʻi yoʻq, muhim ham emas. Shu yoqqa chiqish kerak. Tamom-vassalom. Tirmashganlar koʻp, bolalaru chollar, juvonu kampirlar, yigit-qizlarniyu asti gapirmang. Hammasi oʻsha yoqqa, nima bor u yoqda, bilmayman. Lekin men ham orta qolmay deb yuqoriga, yuqoriga va yana yuqoriga intilaman. Qani endi natija boʻlsa, sal odimlaganday boʻlaman. Ammo gup etib yana pastga qulayman. Bu nimasi, boshqalar qanday uddalayapti axir. Atrofga razm solaman. Odamlar binoyidek ildamlashyapti. Biroq menga oʻxshash gupillab yiqilayotganlar ham oz emas. Yana bir marta bor kuchim bilan harakat qildim, sal yuqorilaganday boʻldim, keyin chunonam dupillab tushdimki, koʻzimdan olov chiqqanday boʻldi. Birov koʻrib qolmasin deya darrov ustimni qoqaman, atrofga boqaman. Shunda ellik qadamcha narida egnida oq yaktak, soch-soqoli ham oppoq bir moʻysafid menga qarab kulib turibdi. Achchigʻim chiqib yoniga bordim-da:
– Nega kulyapsiz? – dedim jahl bilan. U xotirjamlik bilan yonidan joy koʻrsatib, «oʻtir» degandek ishora qildi.
– Rahmat, sizga oʻxshab bekorchi emasman, – dedim
– Na salom bor, na alik, bu qanaqasi? –dedi yana muloyimlik bilan.
– Birinchidan, men sizni tanimayman. Ikkinchidan, nega siz meni ustimdan kuldingiz?
– Bolam, oʻzingni bos, men senga kulganim yoʻq.
– Oʻzim koʻrdim, balandlikdan toyib yiqilganimda ustimdan kuldingiz yo tonasizmi?
– Qaysi balandlikdan?
– Anavi togʻdan – dedim qoʻlim bilan koʻrsatib.
– Shumi togʻ deganing?
– Ha, nimaydi.
– Nima bor u yoqda?
– Bilmadim.
– Unda nega chiqmoqchisan?
– Chiqishim kerak. Hamma oʻsha yoqqa chiqishni xohlaydi.
– Nega?
– Chunki u yoqda hayot zoʻr, misoli jannat.
– Yoʻgʻ-e, – dedi ajablanib.

Battar jahlim chiqdi. Tavba, bu nima balo, xudobexabarmi? Yo oʻzini jinnilikka solyaptimi? Ha... Endi bildim, bu chol kuchdan qolgan, oʻzi ham choʻqqiga chiqishni orzu qiladi. Ammo kuch-quvvati yetmaydi. Shuning uchun oʻzini ovsarlikka solyapti. Men boʻlsam bu bilan pachakilashib vaqtimni zoe ketkazyapman. Bore... dedim ichimda, endi ketmoqchiydim:
– Toʻxta, rostdan ham shu yoqqa chiqmoqchimisan, – dedi muysafid yana ham xotirjamlik bilan.
– Nimaydi?
– Diqqat bilan quloq sol, avvalo, bir eshikdan kirishdan oldin chiqishni oʻylash kerak. Qolaversa, yuqoriga chiqib tushgan odamlar qancha, ulardan, oʻzing aytmoqchi, «misoli jannat» hayot haqida soʻrab bilsang boʻlmaydimi?
– Boʻl-may-di. Men eshitganiga emas, koʻrganiga ishonadiganlardanman.
– Materialistmisan?

Obbo, buni rostdan ham tomi ketibdi-ku, shu zamonda materialistga balo bormi? Yana oʻzini dono qilib qoʻrsatganiga oʻlaymi, men kim, beshtakam kandidatman. Xoʻsh, bu chol kim oʻzi, mingʻir-mingʻir vaysaqi, javob beraman, sal yoshroq boʻlganda menga qoʻshilib, yuqoriga harakat qilayotgan boʻlardi. Na iloj, «uzumga boʻyi yetmagan tulki tuf sasiq» degan ekan.

– Yaxshilab qara! Togʻmi? Choʻqqimi? Tepallikmi? – qoʻllarini oʻsha yoqqa qaratib dedi qariya. – U yoqqa oʻz kuchi bilan chiqayotganlar mingtadan bitta, qolganlari maxsus ip orqali koʻtarilishyapti. Sen darajangni bilasanmi oʻzi?
Figʻonim falak boʻldi. Shu turishda boʻgʻib oʻldirib koʻygim keldi. Lekin oʻzimni bazoʻr tiyib, koʻzlariga koʻzimni tik qadab: – Ha, oʻttiz toʻqqiz yarim, boʻladimi? – dedim kinoya bilan.
– Yaxshi, darajangni bilar ekansan. Oʻzing bilan harorat oʻlchagich olib yurasanmi, deyman.

Endi alahsirayotganiga shubha qilmasa ham boʻladi.

Iy-e, indamasam bu sassiq chol meni rostdan masxara qilishni boshladi shekilli, yaxshilab qulogʻining tagida bir shavla qaynatib qoʻyay dedim-ku, shaytonga hay berdim. Shu bilan gʻijillashib qancha vaqtim ketdi. «Tentak!» Shart unga ters oʻgrildim-da, kelgan tomonimga qarab keta boshladim. Odamlar binoyidek, ildamlashyapti, biroq hech qanaqa ip ham, arqon ham koʻrimaydi. «Bu cholni miyasi aynigan desam, koʻzdan ham qolgan ekanda», xayolimdan oʻtkazdim. Cholga achinganimdanmi, yo boshqa sababmi, ortimga qaradim. Qaradim-u, ne koʻz bilan koʻrayki, oʻrindiqda chol yoʻq. U qaygadir gʻoyib boʻlgandi. Atrofga qaradim. Shunda bir gʻalati manzarani koʻrdim. Minglab odamlar yuqoriga harakat qilsalar-da, bu yoqda millionlab odamlar oʻzi bilan oʻzi ovora ekan. Tavba. Bu qanaqasi, bular qachon, qaerdan kelishdi. Nima bilan mashgʻul, hayratdan joyimda qotib qoldim. Shunda kimdir ortimdan kelib, qoʻlimdan ushlab, yuring, yuring deb, togʻ tomonga tortyapdi. Qarasam, bir goʻzal qiz, huriliqo jilmayib turibdi. Endi battarroq ajablana boshladim. U esa qattigʻroq, jadalroq, «yuring, yuring»...
– Turing, turing...

Choʻchib ketdim, koʻzimni ochsam xotinim qoʻlimdan ushlab «turing, turing»... deyapti.
– Nima, yomon tush koʻrdingizmi? Dadasi, biram alahladingiz-e, – deb qoʻshimcha qildi kamiga.

«Suf-e, tushim ekan», endi anovi suluv bilan gaplashmoqchiydim, manov oʻsar uygʻotib yubordi. Men xotinimga biroz termulib qoldim.

Ha, tinchlikmi? – dedi xotinim ogʻzining tanobi qochib. Xuddi bir narsani bilib olganday, hayotdan mamnun boʻlib tishlarini oqini koʻrsatib iljayib turardi. Bu ayni oʻsha holat edi. Shu kulib turishi yoqmadi. Qoʻlimni ters tomoni bilan yuziga bir urdim.
– Nega urasiz? – deb yigʻlay boshladi.

Tushuntirib oʻtirmadim, tong yaqinlashib qolgan ekan, turib yuvinib-tarana boshladim. U ham yigʻlab-yigʻlab mayda-chuydalarini yigʻishtira boshladi. Bogʻchaga boradigan oʻgʻlimni hol-joniga qoʻymay uygʻotdi, yigʻlatdi, kiyintirdi-da, «Biz onamnikiga ketamiz», dedi hali ham yigʻlashdan toʻxtamay.

Onam doim xotin ketaman desa, er «ketaver» deb boʻlmaydi. Chunki bu ham taloqqa sabab boʻlishi mumkin. Shuning uchun sekin «mayli, borib kel» denglar deb koʻp nasihat qilardi. Hozir shu esimga tushib, «ketaver» emas, aksincha...
– Bor joʻna! – dedim zarda bilan.

U koʻzida yosh bilan bolani yetaklab chiqib ketdi. Ketsa, ketaversin. Necha marta ketgan boʻlsa, hamisha qaynonam yo onam qaytarib olib kelgan. Ammo men hech qachon yigit boshimni egmaganman, bundan keyin ham egmayman, yalinmaganman. Chunki men – bu menman. Men haq, ular nohaq. Ayb oʻzida.

* * *

Ishga bordim, ertalabdan dilxiralik boʻlgandan keyin qolgani nima boʻlardi. Ishxonada ham asabbuzarlik, shartta boshliqning oldiga kirib, mazam boʻlmayotgani aytib javob oldim-da, ketdim.

Yoʻl yurar ekanman, boʻlgan voqealari tahlil qila boshladim. Kim haq, kim nohaq. Xotin degan erni tushunish kerak-da. Ayniqsa, menga oʻxshagan beshtakam kandidatni, u kim – oʻrta ma’lumotli bir xotin. Aslida, gap ma’lumotda ham emas. Tushunishda, ha, ha, erni tushunishda. Hamma balo shunda. Bugun anchadan beri dilxunlikka sabab boʻlayotgan voqeaga nuqta qoʻydim. Xolos.

* * *

Bir hafta oʻn kun avval uning qishlogʻidan ikki ayol ish bilan shaharga kelgan ekan. Ishlari bitmay qolib, biznikida bir kecha qolishadigan boʻlibdi. Xotinim telefon qilib, shunday-shunday deb tushuntirib, osh qilmoqchiligini, ammo goʻsht yoʻqligini aytdi. Jahlim chiqdi. Nima, mehmon kelishini tush koʻribmanmi? Oʻylab turib, yonimizdagi doʻkondan uch-toʻrtta tuxumni qarzga olib turgin, deb maslahat berdim.

Uyda mehmonlar borligini bilib, atay kech bordim. Mehmonlar bilan hol-ahvol soʻrashib, apil-tapil ovqatlanib, charchaganimni bahona qildim-da, yotoqqa ravona boʻldim, ortimdan darrov xotinim yugurgilab kirib, mehmonlarga bir-ikki maslahatingiz kerak ekan, dedi. «Nima, men maslahatchimanmi?» – deb jerkib berdim. Toʻgʻrida, oʻtgan safar bir ish bilan mening qarindoshlarim kelishgandi. Ishi bitmay, bir hafta ularga qoʻshilib men ham ovora boʻlib yurdim. Boshliqdan ham qancha gap eshitdim. Oʻlganning ustidan tepgan qilib deng, ish bilan kelgan odamlarning koʻngillari kino, teatr, istirohat bogʻlarini tusab qoladimi-e, chiqim ustiga chiqim. Kimga zaril. Bu safar uning qishloqdoshlarini yetaklab yurishim kerak. Ahmogʻing yoʻq. «Bor ishingni qil», dedim.

Ertasi kuni ertaroq ishdan qaytdim. Oʻgʻlim bilan apoq-chapoq qilib oʻtirgandim. Xotinim ovqatga urinayotgandi. Eshik taqilladi. Men ochdim. Tagʻin oʻshalar – ishlari bitmay yana bir kun qoladigan boʻlishibdi. «Yaxshi, kiringlar», dedim. Yana nima deyin. Xotinim oshxonada meni imo qilib chaqirdi. Kirdim, yana goʻsht muammosi. Qassobxonalar yopilib boʻlgan. Doʻkondan ikki yuz gramm «varionniy kalbasa» oldim-da, xotinimga ovqatga qoʻshishini aytdim. Ertasiga ishga ketar chogʻimda, mehmonlar bugun qishloqqa qaytishlarini aytdilar. Xayrlashdim, qarindoshlarga, tanishlarga salom aytishni tayinladim. Oʻsha kun ishxonada ish koʻpayib juda kech qaytdim. Oʻgʻlim ham kutaverib axiyri uxlab qolibdi. Uyda mehmonlar yoʻq ekan. Sal yengilroq nafas oldim. Yuvinib-taranib, endi ovqatlanishga oʻtirgandim, eshik taqillab qoldi. Ochsam, ertalab xayrlashib ketgan yana oʻsha mehmonlar... Ular ham xijolat, har holda xayrlashib ketgan. Borsakmi? Bormasakmi? Bir qarorga kelgaunlaricha vaqt ham allamahal boʻlibdi. «Hechqisi yoʻq, tortinmanglar, xuddi oʻzingizning uyingizdagidek his qiling, uyimizni toʻri sizlarniki, dedim, noiloj. Axir ota-bobomiz «Bugʻdoy noning boʻlmasa ham, bugʻdoy soʻzing boʻlsin», deb bejizga atishmagan-ku.

Kechki ovqat allaqachon tayyor boʻlgandi, dasturxonga kartoshka bilan qovurilgan makaron tortildi. Nachora bu vaqtda doʻkonlar ham yopilib boʻlgan. Sal ertaroq boʻlgandami? Balkim biror tansiqroq narsa oʻylab topsa boʻlardi. Endi iloj qancha. Peshona ekan. Hamma dasturxonga qaradi. Qani olinglar...

* * *

Bir-ikki kun ishdan kech qaytib yurdim. Mehmonlarning ishi bitdi shekilli, har qalay koʻrinishmay qoldi. Uch-toʻrt kun deganda xabar keldi. Bu qishloqdoshlar xotinning onasiga borib, rosa maqtabdi. «Qizingiz bekam-koʻst yuribdi», debdi. Hammasidan ham oʻtib tushgani «Muzlatgichida hamma narsa bor ekan»deb aytibdi.

Muzlatgichni ochdim, uch-toʻrtta bulgʻor qalampir, ikkita pomidordan boshqa aytarli hech narsa yoʻq, boʻlmagan ham. Pastki qavatida esa bitta bonkada guruch, yana bittasida mosh, yana birida noʻxat turar va yana allambalo narsalar, jon-ponim chiqib ketdi. Miyamga «ular ustimizdan kulishgan» degan fikr keldi. Nazarimda, muzlatgichda goʻsht, tuxum, sir, kolbasa va yana boshqa tansiq yeguliklar boʻlishi lozim edi. Biznikida-chi... Hamma ayb xotinda, qaysi ahmoq noʻxat-moshlarni muzlatkichda saqlaydi. Tentakmi bu... buni xotinimga qanday tushuntirishimni, izohlashimni bilolmay turib qoldim. Jahlim chiqib, asabim oʻynay boshladi. U esa hamon, parvoyi falak, «Muzlatgichida hamma narsa bor ekan debdi»ni aytibdi. Hayotdan mamnun boʻlib, tishining oqini koʻrsatib iljayib turardi. Shu turishda yuziga bir tarsaki tushirganimda, nega beayb meni urasiz, deb onasinikiga ketib qolgan boʻlardi. Ayni paytda buning sababini tushuntirishni ham xohlamasdim.

* * *

Bugun tong-saharda meni uygʻotganda ham xuddi oʻsha holat tagʻin – iljayib turardi. Beixtiyor yana oʻsha kungi vaqeani esladim-u yuziga qoʻlimning ters tomoni bilan urdim. Toʻgʻri qildim. Tarbiyaladim. Barcha xatolarni toʻplab bittada nuqta qoʻydim-da, jazosini berdim. Hayot misoli matematika, hammasi hisob-kitobli, inson mana shunday boʻlishi kerak. Barcha xatti-harakatlarimni adolat tarozisiga soldim va yana gʻalaba qildim. Eng muhimi, har safargiday yana oʻzim haq boʻlib chiqdim. Shuning uchun ham bu menman. Men kim, beshtakam kandidat, hali fan kandidati boʻlay, ana undan keyin koʻrasiz, bu hali holvasi. Qani olgʻa.

Ichim qizib, yuragim yonib ketayotgandek boʻldi. Yoʻldagi doʻkondan bir litrlik gazsiz suv olib, bir koʻtarishda boʻshatdim. Tahlillardan soʻng oʻzimni ancha yengil his qildim.

Soatga qaradim. Tushlik oʻtib ketibdi. Ancha-muncha yoʻl bosib qoʻyganimni endi bildim. Biror joyda tushlik qiladigan pulimning yarmini taksiga bersam, uyga olib borib qoʻyadi. Biror yegulik tayyorlarman, baribir kechki ovqatga ham nimadir qilish kerak-ku, degan oʻyda mashina toʻxtatdim, manzilni aytdim. Yoʻlga tushdik. Radiodan berilayotgan ma’ruza qulogʻimga chalindi. Shu desangiz, mavzu ham «er-xotin oʻrtasidagi munosabatlar»ga bagʻishlangan ekan. Hayotdan, hadislardan misollar keltirilar, unda erni oila boshligʻi ekanligi, mabodo ayoli itoatsizlik qilganda, avval er unga va’z-nasihat qilishi, unda ham oʻzgarish boʻlmasa, oʻrnini boshqa qilib yotish, shunda ham tarbiya olmasa, joniga ozor yetkazmaydigan qilib, nomigagina bitta barmoqda urish, urishdan maqsad kaltaklash emas, aksancha munosabatlar qay darajaga borib yetganligini bildirish ekanligi haqida gap borardi. «... Agar shunda ham oʻzgarish boʻlmasa...»

Haydovchining «Oka yetib keldik» degan soʻzlari xayolimni boʻldi.

Mashinadan tushib, toʻgʻri uyga yoʻnaldim. Oʻzimni qandaydir horgʻin his qildim. Bu koʻp yoʻl yurganimdan boʻlsa kerak. Uyga kirdim, huvillab qolibdi. Usti-boshimni oʻzgartirar ekanman qanday ovqat tayyorlash haqida oʻyladim. Eng osoni, tez va qulayi piyoz bilan kartoshkani qovurish dedim-da tayyorlashga kirishdim. Ovqat tayyor, ammo ishtaha yoʻq. Vannaga tushsam, zora yengil tortarman degan oʻyda suvga koʻmilib uzoq yotim. Miyamdagi har xil bema’ni oʻylar tinchlik bermaydi. Nimaga bunaqaman-a, nega boʻlar-boʻlmasga jahl qilib hammaning dilini ogʻritaman. Nega tajanglanaveraman, oilada ham, ishda ham hamisha oʻzim haqligim bilan faxrlanaman, magʻrurlanaman. Nimasi yomon buning?. Aslida, haqmanmi? Yoki nohaqmanmi? Bu nima degan gap. Agar nohaq boʻlsam, qanday qilib hamisha gʻalabaga erishardim. Men... Men xatti-harakatlarimni nimaga va qaysi mezonlar asosida oʻlchar edim. Meni hamisha haqlikka, gʻalabalarga yetaklovchi adolat tarozusi qanday tarozi edi. U qaysi me’yorlar yoki mezonlar asosida ishlardi. Nima, men shunchalik xudbin, tubanmanmi? Nahotki, shunday boʻlsam. Nahotki....

Axir unda qanday qilib hamisha haq boʻlib chiqardim, bugun sahardagi voqea-chi, nafsilamrini aytganda, tushdagi oʻsha «hurliqo» bilan bir ogʻiz gaplashsam degandim. Maqsadim unaqa yomon emas, shunchaki, uning niyati nima ekanligini bilmoqchiyidim, xolos. Qolaversa, u chiroyli, goʻzal, dilbar boʻlsayu oʻzi «yuring, yuring» qilsayu, keyin kim biladi u yogʻini yana. Ey...

Inson oʻzini oʻzi, birovni aldashi mumkin. Lekin Xudoni alday olmaydi. Tushimda boʻlsa-da, cholning dilini ham chakana ogʻritmadim. Nima emish «beshtakam kanidatman» emish, yaxshiyam kandidat boʻlmapman. Xoʻsh kandidat boʻlganimda nima oʻzgarardi. Axir kandidati yo doktor degani hamisha hamma ishni toʻgʻri qiladi, hamisha haq boʻladi degani esmas-ku. Shunday ekan balo borimidi oʻsha moʻysafidni xafa qilishga, ipmidi, arqonmidi, u koʻribdi, sen koʻrmabsan. Xoʻp, bilmapman desang, «Asakang ketadimi?». Ishxonda ham shu ahvol – kattani-katta, kichikni-kichik demayman. Nuqul sapchiganim-sapchigan. Aybdor boʻlsam-da talashaman, tortishaman, yengishaman. Hech boʻy bergim kelmaydi. «Oldimdan kelsa tishlayman, orqadan kelsa tepaman». Toʻgʻrisi ham shuda, manmansiraganim-manmansiragan. Nimamga katta ketaman, kim qoʻyibdi menga errayimchilik qilishga, topvoganim «beshtakam kandidat»! Oʻlganim yaxshi bu kunimdan.

«Osmondagi tanho yulduz boʻlsang ham, osmoningdan tush» deguvchi yoʻq. Bordir ehtimol, ularni ham hafsalalarini pir qilgandirman. Qachondan buyon bunday boʻlib qoldim. Nega, qachon, qaerda oʻzgardim. Bilolmadim. Nega endi birov «Osmondan tush» deyishini kutishim kerak. Oʻzim kap-katta, esli-hushli odamman-ku, oʻzimga-oʻzim «Osmondan tush» deb aytsam-da, oʻzgarsam, bari bema’nigarchiliklarga chek qoʻysam, boʻlmaydimi? Kim menga toʻgʻanoq boʻlyapti. Hech kim.... Hech nima...

* * *

Qancha vaqt oʻtganini bilolmadim suvdan chiqdim, artindim. Oshxonada oʻzim pishirgan osh – aylanib ham, oʻrgilib ham ichaveradigan. Ammo yana ishtaha yoʻq. Bir litrlik bonkadagi sovuq choyni simirdim. Kun boʻyi tuz totmagan boʻlsam-da, qornim toʻq, ajab... Oʻylar esa yana tinchlik bermaydi.

Nega hech narsadan koʻnglim toʻlmayapti. Nimadan norizoman. Menga nima kerak edi-yu, men nimani izlayapman? Nimadan tashvishlanishim kerak ediyu, nima meni tashvishga solyapdi. Shunchalar alamzadamanmi? Kimdan? Nimadan? Nega? Menga nima yetishmayapti? Men nima xohlayapman oʻzi? Nafasim qisa boshladi.

Meni nima tinchlatiroladi? Xudoga shukur, uyim bor, uysizlar qancha. Bnoyidek ishim bor, ishsizlar qancha. Farzandim bor, tirnoqqa zorlar qancha. Yana nima kerak? Ollohga shukur, toʻrt mucham sogʻ. Agarda sidqidildan bir ishga kirishsam, bu dunyoda men eplay olmaydigan ishning oʻzi yoʻq-ku. Boʻldi, bas. Tamom-vassalom. «Bismillo» deb yotaman-da, agar oʻsha chol tagʻin tushimga kirsa, uzrimni soʻrayman, ertaga borib ayolim va farzandimni kechirim soʻrab olib kelaman.