OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Muhammad Ziyo. Yoʻl (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuhammad Ziyo
Asar nomiYoʻl (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Muhammad Ziyo
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yoʻl (hikoya)
Muhammad Ziyo

«
Haqiqiy yoʻl yuqorida emas, aksincha shundoqqina yer ustiga tortilgan dordan oʻtadi. Bu yoʻl odimlashga emas, balki hamisha qoqilish uchun moʻljallanganga oʻxshaydi.
Frans Kafka
»

Kechasi bilan yogʻib chiqqan yomgʻir bomdodga borib tindi. Havo biram yengilki, hatto biroz isitmalab turgan boʻlsam-da his qildim. Betoblikdan lanj boʻlib, ishxonaga ham kechikib bordim. Hamisha choshgohdagina qora boʻladigan boshligʻim kallai saharlab kelibdi, aksiga olib meni yoʻqlaganiga oʻlaymi? Hammasi rasvo boʻldi. Koʻza kundamas, kunida singani shu boʻlsa kerak-da.

Tavakkal qilib rahbarning xonasiga kirdim. Hartugul kayfiyati yaxshi ekan, indamadi. Toʻgʻridan-toʻgʻri maqsadga koʻchdi. Bir idoraga shoshilinch hujjatni yetkazish zarurligini aytdi. Joʻnadim.

Aytilgan manzilga bordim. Qora oyna qoplangan baland binoning atrofi archa va panjara bilan oʻralgan. Darvoza yonidagi militsiya xodimi hujjatimni soʻradi. Berdim. U guvohnomamga uzoq termuldi-da, amal qilish muddati oʻtib ketganligini aytdi. Ishonmadim, oʻzim ham zehn solib qaradim. U haq edi. Shunda men Falonchining oldiga muhim topshiriq bilan kelganimni tushuntirdim. U pinagini ham buzmay turaverdi. Nima qilishimni bilmay, noiloj yalinishga oʻtdim.

– O’rtoq kamandir, shu qogʻozni tashlaymanu chiqaman.

– Iloji yoʻq, – dedi u qat’iy ohangda.

– Unda bu qogʻozlarni oʻzingiz olib qoling, – dedim jahl bilan.

– Mumkin emas, – dedi koʻzlarini loʻq qilib.

– Nima qilish kerak boʻlmasa? – dedim asabiylashib.

– Pasport bormi?

– Nima? – dedim ensam qotib.

– Nima, nima, pasport rejimini bilmaysanmi? Doim pasport yoningda boʻlishi kerak:

Men rostdan ham pasport rejimi haqida bilmasdim. U bilan tortishishdan foyda yoʻq degan fikrga keldim. Uyga qoʻngʻiroq qildim, xayriyat, ukam hali ketmagan ekan, unga pasportimni olib kelishni tayinladim va bir chetga oʻtib kutib turdim. Yana isitmam koʻtarildi shekilli, holsizlanib, peshonamda ter paydo boʻldi. Shunda peshonamni temir panjaraga beixtiyor tekqazdim. U shu qadar muzdek ediki, badanimdagi bor haroratni sugʻurib olganday boʻldi, oʻzimni ancha yengil his qildim. Goʻyo uning shifobaxsh xususiyati borday, tavba. Panjaraga razm soldim, u juda bejirim ishlangan. Balandligi ham ikki-uch metr keladi. Nayzasimon uchlari quyosh nurida yaltiraydi...

Darvozaga yaqinlashdim. Bir kishi odmi kiyimda kelib, qizil jildli guvohnomasini koʻrsatdi. Militsiya xodimi darhol chakkasiga qoʻl bosdi. Keluvchining ortidan kuzatib turar ekanman, bir oyogʻini chap tomonga qiyshaytirib bosayotganini payqadim.

Mashina signali eshitildi, oʻgirilib qarasam, ukam taksida kelibdi. Postdagi xodim hushtagini chalib, «Bu yerda mashina toʻxtashi mumkin emas» deganday ishora qildi. Men pasportimni oldim-da, ukamga «Keyin telefonlashamiz» dedim. Mashina joʻnab ketdi.

Xodim pasportimni tekshirib boʻlib, qaytarib berayotganda yomgʻirdan qolgan koʻlmakka «tap» etib tushib ketdi. Ikkalamiz ham baravariga «Ie...» deb pasportga yopishdik. Hujjatimni qoʻlga olib bir-ikki silkitib, havoda quritgan boʻldim-da, sumkamga soldim. Postdagi xodim ham xijolat boʻldi shekilli, «Boʻldi, boravering» dedi.

Binoga kirganimda yana bir mundirli va ikki fuqaro kiyimidagi navbatchilarga duch keldim. Men Falonchiga hujjat olib kelganimni takrorladim. Fuqaro kiyimidagi navbatchining rangi bir oqarib, «Bir daqqiqa» dedi-da, chaqqon raqam tera boshladi. Bir ozdan keyin zinadan chiroyli, «bir qoshiq suv bilan yutib yuborsa boʻladigan» qiz tushib keldi-da, kesatiq ohangida «Buncha kech qoldingiz», dedi qogʻozlarni olar ekan. Keyin navbatchilarga qarab, «Qalaysizlar, yigitlar», dedi ming bir noz-karashma bilan.

«Hoynahoy bu kotiba boʻlsa kerak», deb oʻyladim. Shu mashmashadan qutulganimga shukur qilib koʻchaga otildim.

* * *

Topshiriq bajarildi, bugun ishga qaytib bormasam ham boʻladi. Koʻlmaklardan hatlab borar ekanman, anavi fuqoro kiyimidagi organ xodimini negadir oyogʻini chap tashlab bosayotganini esladim. Va beixtiyor bundan ancha oldingi bir voqea yodimga tushdi. O’shanda ogʻaynimning toʻyidan juda kech qaytayotgandim. Yomgʻirdan panalash uchun boshimni kurtkam ichiga tortib olgandim. Bekatgacha yana ikki yuz metrlar yurishim kerak. Bu vaqtda avtobuslar qatnamaydi, maqsad yomgʻirdan panada mashina toʻxtatish. Ivib borar ekanman, har ehtimolga qarshi chap qoʻlim bilan mashina toʻxtatish ishorasini koʻrsatib borar edim. Mashina toʻxtadi. Manzilni va narxni aytgandim, «Buncha kam bermasang, ozroq qoʻsh» dedi haydovchi. Rozi boʻlmadim. Boshqa mashina toʻxtadi. Unga ham shu narxni aytdim. U oʻylanib turdi-da, nihoyat rozi boʻldi. Haydovchi ellik yoshlarda, yonidagi qirqlardan oshgan ayol bilan chaqchaqlashib borardi. Haydovchi oynadan menga koʻz tashlab:

– Shuncha uzoq yoʻlga buncha oz pul beryapsiz? – dedi kulimsirab.

– O’zi bitta yoʻl boʻlsa, xohlaysizmi-yoʻqmi, shu yoʻldan yurasiz, toʻgʻrimi? – dedim soʻqirning koʻziga haqiqatni koʻrsatib qoʻygan donoday gerdayib.

– Toʻgʻriku-ya, lekin siz aytgan manzilga yetmasdan chapga qayrilib ketishimiz kerak edi, – dedi haydovchi, uning gap ohangidan «ustiga ozroq qoʻshsangiz boʻlardi» degan ma’no sezilib turardi.

– Qadam tashlashingiz juda kulgili ekan, yomgʻirda ivimasin deb ovoldik, – deb gapga aralashdi yonidagi ayol vaziyatga aniqlik kiritmoqchi boʻlib.

Men ularni kelishilgan narx ustiga yana qoʻshtirish uchun atayin shunday qilishyapti, deb parvo ham qilmadim. Gapidan er-xotinga oʻxashmasdi, munosabatlari juda iliq. Jazmani boʻlsa kerak, ayollar yomgʻirda sayr qilishni xush koʻrishadi, hoynahoy sayrga olib chiqqan, deya xayolimdan oʻtkazdim. Manzilga yetib keldim, oʻsha arzimas pulni berib tushib ketdim. Koʻchaning u yuziga oʻtar ekanman, ular haqiqatdan ham orqaga qayrilayotganini koʻrib, ichim zil ketdi. Nega ularga ishonmadim...

O’sha voqeani eslar ekanman, ayolning «Qadam tashlashingiz juda kulgili ekan» degan soʻzlaridan men ham oyogʻimni chapga ogʻdirib bosayotganligimni fahmladim. Nega oʻshanda ularning gapiga e’tibor bermadim. Hayronman...

Koʻpincha inson xulqidagi qusurlarni sezganimizda darrov ota-onasi tarbiya bermaganligida ayblaymiz. Muhit-chi, uning ta’siri-chi? Hayotning oʻydim-chuqur yoʻllari-chi, boringki, ming bitta sababni koʻrsatish mumkin. Har tong uydan chiqishdan avval oynaga bir qarab, qomatimiz, yuzimiz, sochlarimizni tartibga solib, poʻrim boʻlib koʻchaga otlanamiz, keyin... Keyin bilganimizni qilib yuraveramiz. Menimcha, yoʻllarning chetiga katta-katta toshoynalar qoʻyilishi kerak. Toki har bir inson jamiyatda oʻz yurish-turishidagi kamchiliklarni oʻzi sezsin, bilsin, tuzatsin. Insonlarga imkon berilsin... O’ylab koʻrsam, avvalari hamisha ma’naviy yetuk boʻlishga harakat qilgan, intilgan ekanman, endi boʻlsa unga yana bir maqsad qoʻshilgandek boʻldi.

Shular haqida xayol surib, kun boʻyi ishga bormasdan toʻgʻri yoʻldan shoshmasdan yayov yurdim. Qaddim rostlanganday, hatto nafas olish ham yengillashganday, bu oʻzimga ham ma’qul tushdi. Toʻgʻri qadam tashlash, toʻgʻri yurish, umuman uddalasa boʻladi. Faqat doim diqqatni jamlash talab qilinarkan, har holda oʻttiz yildan ortiq shu tarzda hayot kechirib, tana ham shunga koʻnikib qolgan boʻlsa, bu yogʻiga yana qancha vaqt kerak. Bilolmadim...

* * *

Vaqt – oliy hakam, deb bejizga aytishmas ekan. Inson zoti yashagan sari yashagisi kelaveradi deyishardi. Men esa borgan sari hayotdan bezib boryapman. Toʻgʻri qadam bosishga ahd qilganimga ham ancha boʻldi, ammo natija koʻngildagidek emas. Dastlab bu juda oson, oddiy mashgʻulotga oʻxshardi, endi esa borgan sari murakkablashib borayotgandek...

Men barini birma-bir mushohada qilib chiqdim, xotirjam, shoshmasdan qadam tashlaganimda toʻgʻri odimlayotganimni, shoshgan paytlarimda esa yana oʻsha chapga ogʻib qadam bosayotganligimni angladim. Yoʻl chetidagi yam-yashil maysazorlardan odamlar yurib oʻtaverib soʻqmoq solib qoʻyganligiga koʻzim tushadi. Va beixtiyor soʻqmoqlar haqida xayollanaman. Soʻqmoqlarning tarixi yoʻllarnikiga qaraganda qadimiyroq ekaniga shubha yoʻq. Mana tarix.

Sohibqiron bobomiz zamonida biror inshoot barpo etilsa, binoga olib boradigan yoʻlni soldirmay turar ekanlar. Xalq oʻziga qulay joylardan yurib soʻqmoq ochar, soʻngra ana shu soʻqmoqlarni kengaytirib yoʻlga aylantirar ekanlar. Naqadar olijanoblik, insonparvarlik, xalqparvarlik...

Katta shaharlarda yoʻllar ham, soʻqmoqlar ham bisyor. Yoʻlovchilar uchun yer ostida, ustida ham yoʻllar boʻlishiga qaramay, yana yoʻl chetidagi maysazorni bilib-bilmaslikka olib depsab, temir toʻsiqdan oshib oʻtaman, chunki men juda shoshaman. Xoʻsh, nega shoshyapman? Nimaga? Qaerga? Qachongacha?...

* * *

Bir kun oqshom paytida ishdan qaytayotganimda, roʻparamizdagi koʻp qavatli uyda yashovchi Bekzod aka «JIP» mashinasida kelib qoldi. Bolalar qiy-chuv qilishib uni oʻrab olishdi. Uning Akobir ismli farzandi bilan mening oʻgʻlim oʻrtoq. Bekzod aka hamma bolalarni mashinasiga joylab, aylantirishga olib ketdi. Birozdan soʻng oʻgʻlim uyga kirib ogʻzidan bol tomib «Bekzod togʻam mashinasida aylantirdilar» deya maqtandi. Keyin esa «Siz qachon mashina olasiz?» deb soʻrab qoldi. Xotinim «koʻrdingizmi?» deganday bosh irgʻab ishora qildi. Shunda oʻgʻlim menga emas, borgan sari Bekzod akaga koʻproq mehr qoʻyayotganini sezsam-da, bu hali bola, koʻp narsani bilmaydi, katta boʻlsa tushunib olar, deb oʻzimni oʻzim bazoʻr yupatdim. O’gʻlimni har kuni bogʻchaga olib borayotganimda yoʻl-yoʻlakay hatto menga notanish mashinalarning markasini aytib ketadi. Bu ham oʻsha Akobirlarning ta’siri boʻlsa kerak.

Oh, mening shirin, asal oʻgʻlima, qaro koʻzima, qarogʻima. Oh, mening jonim bolama, zurriyotima, tili biyron bolama, oʻzi daryo bolama. O’ylari oʻtkir oʻgʻlima, eslari yoʻq bolama...

* * *

Uning qosh-koʻzi qop-qorayu, yuzlari oppoq, shu qadar goʻzal va dilbar ediki, ilk bor koʻrganimdayoq yuragim allanechuk hapqirib ketgan, sevib qolgan edim. U vaqtlar ikkovimiz ham institutning birinchi bosqich talabasi edik. O’shanda, rosti, «Bu tannoz hech qachon menga turmushga chiqmasa kerak» deb oʻylaganman. Va «Agarda shu qizga uylansam, uni hech qachon xafa qilmayman» deb oʻzimga oʻzim va’da berganman. Lekin buni hali-hanuz oʻziga aytmaganman. Taqdir ekan, shuncha yigitlar orasidan u aynan menga turmushga chiqdi. Uni xafa qilmaslik haqida oʻylayman-u qani iloji boʻlsa. «Turmush» deb bekorga aytilmagan, «musht»i bor uning. Ilgarlari kulganida koʻzlari ham qoʻshilib kular, qandaydir begʻubor, allambolo hurliqo edi. Endi-chi, tabassumida, muomalasida kinoya, zarda bordek, sabablar ham bisyor. Uning oʻziday oppoq orzulari bor. Koʻp qavatli uylarda yashash yoqmaydi, moʻ‘jazgina boʻlsa ham hovli boʻlsin deydi. Men «Odam alayhisalom yetti yuz yil umr koʻrganmish, shu koʻz ochib yumguncha qisqa bu umrga arzimaydi deb, uy ham solmasdan chaylada yashagan emish» deyman, u boʻlsa, «mish-mishdan emas, kishmishdan gapiring» deydi. Tomogʻim hippa boʻgʻilib, ichayotgan choyim oʻtmay qoladi. Ammo kunlar, oylar, yillar oʻtaveradi... Orzular – armonga, jonginam – jodugarga, yorim – ajdohoga aylanadi. Keyin... Keyin nima ham deyish mumkin...

* * *

Yaxshiyam onam bor. Mehribonim onam. Insonni hech kim tushunmasa ham ona tushunadi deyishadi. Mening oftob onam, sochlari oppoq onama, onam. Tugʻilgan kunimni oʻzim, ayolim unutgan boʻlsak ham, hech yodidan chiqarmaydigan, bolaligimda yogʻli kulcha, katta boʻlgach esa patir qilib yoʻqlaydigan soddadil onam-a, onam. Afgʻondan qaytmagan akam-a, akam-a... Armon-a... Azob-a... Onam-a... Akamning dardida kuyib kul boʻlgan onam-a, onam. Mehrlari bir dunyo-yu, achchiqlari bir dunyo onam.

Onamiz oʻtgan yakshanba barchamizni kenja ukamizning toʻy maslahatiga chaqirdi. Bordim. Yana oʻsha eski gap, unisi bu qizga, bunisi boshqasiga sovchilikka borish haqidagi chegarasi yoʻq gaplar. Hammasi jonga tegdi, oxiri:

– Sizga nima, yashaydigan u, aytgan qizini olib bering, tamom-vassalom, – dedim jahlim chiqib.

– Sen nimani ham bilarding? Bitta «Kaptiva»ni gijinglatib qoʻygin, – deb qoʻllarini darvozaxonaga ishora qilarkan: – ana undan keyin kimnikiga sovchi boʻlib borishni oʻzim yaxshi bilaman.

Meni avvaliga gap nima haqida ketayotganini tushunmadim, keyin sal ilgʻagandek boʻldim, keyin, keyin... Adoyi tamom boʻldim...

Oh, onam-a... Onam...

* * *

O’sha kuni tonggacha mijja qoqmay unsiz yigʻlab chiqdim. Pochcham Moskvada ishlab opamga pul joʻnatib, uy qurishyapti. Saharlab opamnikiga borib, aytadiganimni aytdim. Opam telefonda pochcham bilan meni gaplashtirdi, juda zoʻri boʻlmasa ham bundayroq mashina olmoqchiligimni, ozroq qarzga pul zarurligini tushuntirdim. Ular rozi boʻldi, faqat bir sharti borligini, uy qurilishi koʻngildagidek ketmayotganligini aytib, nazorat qilib turishimni iltimos qildi. Kelishuv oddiy: pochcham opamga pul joʻnatadi, ustaboshi roʻyxatni tuzadi, ikkovimiz bozorga ravona boʻlamiz. Uy bitgach, menga qarz berib turishadi. Ustalardan kuniga uch mahal: erta bilan, tushlikda va kechga tomon xabar olishim kerak. Tushlik vaqtida shoshib uchastkaga yoʻrgʻalayman. Yana oʻsha yurilaverib soʻqmoqqa aylangan maysazorni tepalab, betonli, temirli toʻsiqlar ustidan oshib oʻtar ekanman, vijdonim qiynaladi... Shunda bizning xavfsizligimizni oʻylab qilingan bu xayrli ish koʻzlarimga shu qadar bemani, beoʻxshov boʻlib, butun insoniyat kelajagiga qoʻyilgan toʻsiqqa oʻxshab koʻrina boshlaydi. Shu toʻsiqlar boʻlmaganda vijdonim va boshqalar oldida ham aybdor boʻlmasmidim? Agarda shu toʻsiqlar boʻlmaganda qanchalik ozod va erkin boʻlishimni-yu, agarda toʻsiqlar boʻlmaganda halokatga uchrash ehtimoli qanchaliligi haqida ham oʻylay boshladim.

* * *

Shu kunlarda boʻlar-boʻlmasga siqilib, ancha oʻzimni oldirib qoʻydim. Halovatim yoʻqligi yuzimgacha urib yuborgan shekilli, hamma mendan hol-ahvol soʻraydi. Foyeda tursam Hasan aka keldi.

– Ha, tinchlikmi, kayfiyating yoʻq?

– Shunday oʻzim, uncha ishlarim yurishmayapti.

– Bugun juma, bir ibodat qilib, masjidga ehson berib yuborsang, hammasi yaxshi boʻlib ketadi, meni aytdi dersan, – dedi u nasihatnamo ohangda.

Hasan aka uzoq yillardan buyon shu ishxonada ishlasa-da, obroʻsi zoʻr emas, oʻzi ham sal gʻalatiroq, hayron qoladigan joyim, beshta narsaga qat’iy amal qiladi. Chekish, ichish, «yurish», jumaga borish, roʻza tutish, shularni bilganim uchun «sen oʻzing kimsan, nasihating nima boʻlardi» dedim ichimda. Unga koʻnglimdan oʻtganini bildirmaslik uchun nomigagina «Xoʻp» deganday bosh irgʻab qoʻydim-da, xonamga kirib ketdim.

Boshimni koʻtarmay kompyuterda ishlayverib koʻzim tinib ketdi, vaqt ham tushlikka yaqinlashib qolibdi. Ishim boshimdan toshib yotgan boʻlsa-da, qoʻshni xonadagi Dadaxon akaning yoniga chiqdim. Bir pas gaplashsam, koʻngil yozilar degandim. Hasan aka ura solib kirib keldi-da:

– Nima qilib oʻtiribsan, vaqt boʻldi-ku, – dedi norizo ohangda.

– Siz boravering, ortingizdan yetib olaman, – dedim xijolat boʻlib.

U chiqib ketdi.

– Qaerga boryapsizlar, – dedi Dadaxon aka qiziqsinib.

– Qayga boʻlardi? Tushlikka-da, – deb sekin men ham qoʻzgʻaldim.

Xonamga kirib tagʻin kompyuterda ishlab oʻtirgandim, yana Hasan aka kirib keldi-da:

– Borasanmi, yoʻgʻmi? – dedi oʻpkalab.

Soatga qaradim. Allaqachon vaqt boʻlgan. Nima deyishimni ham bilmay qoldim. Agarda hozir bormayman desam, «Nega avvalroq aytmading» deb tixirlik qilishi turgan gap.

– Kech qolmadikmi? – dedim bazoʻr stolimni atrofida timirskilanib.

– Tez borsak, farzga ulguramiz, – dedi shoshqinsirab.

Noiloj, unga ergashaman, erta bilan «Xoʻp» deganday bosh irgʻab qoʻyganimga ming bor pushaymon boʻlaman. Qaydanam shunga yoʻliqdim. Yoʻlga tushdik. Mashina toʻxtatildi, manzil aytildi. Masjidga yaqinlashar ekan, Hasan aka pul uzatar ekan, haydovchi:

– Pulingiz kerak emas, duo qilinglar, – dedi koʻksiga qoʻlini qoʻyib.

Hasan akaga Xudo berdi, menga «Koʻrib qoʻy» deganday viqor bilan bir qarab oldi. Hojatbaror aka bilan xayrlashdik-da, oʻzimiz yugurgiladik. Haqiqatdan ham endi iqomat aytilayotgan ekan. Hasan aka ura solib ichkariga kirib, hash-pash deguncha koʻzdan gʻoyib boʻldi. Men ostonadayoq jamoatga qoʻshildim. Tilovat boshlanganda ba’zilar birin-ketin chiqa boshladi. Men koʻzimning qiri bilan oyoq kiyimlar uchun maxsus qilingan besh-olti qavatlik shkafchalardan tuflimni qidira boshladim. Shunda aksariyat tuflilarning chap tovoni yemirilgan ahvolda edi. Bu ular ham chapga ogʻib qadam tashlashidan darak berib turgandek edi. Tilovat tugagach, Hasan akani kutib turmasdan toʻgʻri ishxonaga joʻnadim.

* * *

Kutilmaganda xizmat safariga yuborilishim rejadagi ishlarimni ostun-ustun qilib yubordi. Pochcham bilan oʻzaro kelishuvimiz ham barbod boʻldi. Men qanchalik urinmay pochchamni qayta koʻndira olmadim. Bu xizmat safari menga judda qimmatga tushganday boʻldi.

Mana, oʻsha safardan ham ming bir xayol koʻchasiga kirib qaytyapman. Nimani qoyil qildim, oʻzim ham bilmayman. Mashina yelday uchib boradi, yomgʻir mayin shivalaydi, orqa oʻrindiqda eshik derazasiga boshimni tirab tashqarini kuzatib boraman. Har zamonda mashina notekis joyda bir silkinib qoʻyar, ammo haydovchi tezlikni kamaytirmaydi. Qaytaga uchiradi. Allaqaysi rivojlangan mamlakatlarda mashinaning oldi kopotiga bir stakan suvni toʻlatib qoʻyib, yoʻlning tekis yoki notekisligini tekshirishar ekan. Agarda mashinaga emas, mening qoʻllarimga shu stakanni berib, qani yur desa nima boʻlarkin-a? Ayniqsa, temir toʻsiqlardan sakrab oʻtaman deb stakanni ham, oʻzimni ham chil-chil sindirgan boʻlardim, ehtimol.

Bekzod akaga havasim keladi. Hamma ishi joyida. Qoidalarni buzmaydi. Mashinasida toʻgʻri, tekis va ravon yoʻllardan yuradi. Balki u ham oʻz vaqtida toʻsiqlardan oshib, maysazorlarni tepalab oʻtgandir. Kim biladi, soʻragan bilan toʻgʻrisini aytarmidi.

Shu payt yelday uchib borayotgan mashina birdan negadir sekinlab, toʻxtadi. Tashqariga termulib ketayotgan boʻlsam-da, xayolga berilganimdan koʻzim hech narsani ilgʻamagan ekan. Shunday katta yoʻlning ikki chetida poda borar, ba’zilari yoʻlni kesib oʻtardi. Hayvon – hayvonda, qonun-qoidalar yoʻq. Shuning uchun ham Xudo qiyomatda bularning bir-biridan qasdini olib berib, doʻzaxi, jannati qilmay tuproqqa aylantirib yuborar ekan. Mashina yana ildamlasha boshladi, tagʻin oʻylar boshlanadi. Meni qiynayotgan, azoblayotgan narsa oʻgʻlim tobora boshqalarga bogʻlanib qolayotganligi edi. Eh bolama, bolama, olti yoshni qoralayotgan bolam nimani ham bilardi. Undoq desam, oltmish yoshni qoralayotgan onam-chi, oh onama, onam desam, umid bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan rafiqam-chi, boshim boshiga tegib tursa-da uning ongida nima gʻam-tashvish-u, mening shuurimda ne oʻy. Har kuni, kunora yuzimiz yuzimizga, koʻzimiz koʻzimizga tushsa-da, choʻzsak qoʻllar yetadigan shunchalik yaqin qondoshlar bilan shunchalar olislashish, uzoqlashish mumkinmi axir?! O’ylab-oʻylab, dunyoga oʻt ketsa ham oʻz bilganidan qolmaydigan Hasan akaga mazza deyman. Yo Xudo, oʻzing madad ber deyman. O’zing qoʻllab-quvvatla deyman. Nima uchun biz poklik, halollik, ma’naviy yuksaklik haqida ga-pirsak-da, hayot borgan sari moddiyatga, moddiylikka burkanib boryapti. Biz qanchalik dunyoni ma’naviy boyitmaylik, u shu qadar moddiylashib, maydalashib bormoqda. Nega shunday, nega?

Mashina bekatga kelib toʻxtadi, yukxonadan kattakon sumkamni olib, haydovchi bilan xayrlashdim. Koʻylak-shim dazmollanmagan, tufli ham urilib qolgan, sochlarga gʻubor oralagan, soqol ham ozroq oʻsgan bir ahvoldaman. Shu turishim xizmat safarida boʻlgan qishloqlar, ovullar odamlariga juda oʻxshab ketardi. Bekatdagilar faqat menga qaraydi, xuddi men begonadek, xuddi men oʻzga sayyoradan kelgandek. Shu payt qarshimda militsiya xodimi paydo boʻlib, oʻzini nimadir deb tanishtirib, hujjatlarimni soʻrashdi. Men hov bir vaqtlar oʻsha koʻlmak suvga tushib ketgan, quritmasdan sumkamga solib qoʻyganim uchun sargʻayib ketgan, keyin doim kerak boʻlsa-boʻlmasa yonimda olib yurganimidan sal urinib qolgan pasportimni uzatdim.

U pasportimni obdon varaqlab tekshirib:

– Hujjatni rasvo qipsan-u, – dedi.

«Bu siz talab qilgan rejimning oqibati», dedim ichimda.

U hujjatimni qaytarib berarkan:

– Oq yoʻl, – deb gʻudranib qoʻydi.