OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMunavvarqori Abdurashidxonov
Asar nomiMusulmonlik
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Munavvarqori Abdurashidxonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Musulmonlik
Munavvarqori Abdurashidxonov

Muqaddima

Alloh taologa beadad shukrlar boʻlsinki, Mustaqillik tufayli boy madaniy merosimizni oʻrganish va ma’rifatparvar siymolarning asarlarini xalqimizga yetkazish borasida koʻp xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻtmishda millatimizga ma’rifat tarqatgan koʻpgina olimlarimizning nomlari qaytadan tiklanmoqda. Shunday siymolardan biri Munavvar qori Abdurashidxon oʻgʻlidir.

U zot 1878 yilda Toshkent shahrining Shayx Xovand Taxur daxasidagi Darxon mahallasida ziyolilar oilasida dunyoga kelgan.

Munavvar qori otasidan yetti yoshida yetim koladi. Dastlabki ta’limni onasi Xosiyat otindan olib, xat-savodi chiqqach, Toshkentdagi Yunusxon madrasasida tahsil koʻradi. 1898 yili oʻsha davrda Oʻrta Osiyoda ilm markazi hisoblangan Buxoroga borib, madrasalardan birida tahsil ola boshlaydi. Ammo koʻp oʻtmay moddiy qiyinchilik sababli Toshkentga qaytib kelib, Darxon masjidida imomlik qiladi.

1900 yillardan boshlab taraqqiyparvar ziyoli kishilar orasida oʻqish va oʻqitish, madrasa va maktab islohotiga oid ilgʻor fikrlar olgʻa surilib, bunday ziyolilar «jadid« (yangichi)lar nomini oladi. Munavvar qori ham shu taraqqiyparvar ziyolilar xarakati safiga qoʻshilib, tez orada uning faollaridan biriga aylanadi. 1903 yildan e’tiboran u jadid maktablari ochib, dars beradi va ular uchun darslik hamda qoʻllanmalar yozadi. Jumladan, uning "Adibi avval" ("Birinchi adib", 1907 y.) alifbo kitobi, "Adibi soniy" ("Ikkinchi adib", 1907 y.) oʻqish kitobi, "Sabzavor" (toʻplami), "Yer yuzi" ("Jugʻrofiya"), »Tajvid» (Qur’onni qoidali oʻqish) kabi kitoblari bosilib, yangi usuldagi maktablarda darslik sifatida qoʻllanilgan.

Munavvar qori milliy matbuotimizning ilgʻor jurnalistlaridan boʻlganligini ham aytib oʻtish joizdir. U 1906 yili «Xurshid« jaridasini chiqara boshlagan. 1917 yilda "Najot", "Kengash", »Hurriyat» va boshqa jaridalarda ham muharrirlik qiladi. Inqilobdan soʻng xalq, maorifi tashkilotlarida xizmat qilib, ma’rifat ishlari bilan shugʻullanadi.

Hozirgi Toshkent Davlat milliy dorilfununini tashkil etishda Munavvar qori Abdurashidxon oʻgʻlining hissasi beqiyosdir. 1918 yilning 9 aprelida u kishi raisligida Xalq dorilfununi musulmon boʻlimining kishidan iborat tashkiliy hay’ati tOʻziladi. 3 may kuni oʻtkazilgan saylov natijalariga koʻra, Munavvar qori rektor, Iso Toʻxtaboy va Burxon Habiblar uning yordamchilari etib saylanadilar. Usha yilning 13 mayida eski shahardagi hozirgi Oʻzbekiston yosh tomoshabinlar teatri binosida Turkiston xalq dorilfununining musulmon boʻlimi tantanali suratda ochiladi.

Munavvar qorining 1908 yilda yozilgan «Havoy-iji diniya» risolasi uning Turkiston oʻlkasida nashr ettirgan ilk kitoblaridan biridir. Risola juz’-juz’ shaklida turli vaqtlarda chop etilgan boʻlib, 1909 yilgi nashri barcha juz’larni oʻz ichiga olgan.

Shulardan biri boʻlgan ushbu juz’ni birmuncha zamonaviylashtirilgan tilda va yangi alifboda nashr etib, muhtaram kitobxonlar e’tiboriga havola qilmoqdamiz.

Bismillahir rohmanir rohiym

Alhamdu lillah hammamiz Islom dinidamiz. Islom dinidagi kishilarga musulmon deyiladi. Musulmonlik besh narsa bilan boʻladi. Shu besh narsaning birinchisi: Alloh taoloning borligi va birligiga, Muhammad alayhissalomning Paygʻambarliklariga chin koʻngildan ishonib, ishonganligini til bilan aytib iqror boʻlmoq. Ikkinchisi: xar kuni besh vaqt namoz oʻkimoq. Uchinchisi: Butun Ramazon oyi davomida roʻza tutmoq. Toʻrtinchisi: Moli nisobga yetganda zakot bermoq. Beshinchisi: Barcha imkoniyatlari bor kishi uchun umrida bir marta xaj kilmoqdir.

Musulmonlik

Savol: Qaysi dindasiz?
Javob: Alhamdu lillah Islom dinidamiz.
Savol: Islom dinidagi kishilarga kim deyiladi?
Javob: Islom dinidagi kishilarga musulmon deyiladi.
Savol: Musulmonlik necha narsa bilan boʻladi?
Javob: Musulmonlik besh narsa bilan boʻladi.
Savol: Bu besh narsa qaysilar?
Javob: Bu besh narsa ushbulardir: Birinchisi: Alloh taoloning borligiga, Muhammad alayhissalomning haq Paygʻambarligiga chin koʻngildan ishonib, ishonganini til bilan aytib iqror boʻlmoq, (ya’ni «La ilaha illallohu Muhammadur rasululloh» deb aytmoq). Ikkinchisi: Har kuni besh vaqt namoz oʻqimoq. Uchinchisi: Butun Ramazon oyi davomida roʻza tutmoq. Toʻrtinchisi: Boy kishiga har yili molining zakotini, ya’ni qirqdan bir qismini faqir va miskinlarga bermoq. Beshinchisi: Kuchi yetgan kishiga umrida bir marta boʻlsa ham Makkai mukarramaga borib xaj qilmoqdir.
Savol: Ushbu besh ishga nima deyiladi?
Javob: Ushbu besh ishga Islom binosi deyiladi.
Savol: Musulmonlik uchun ulardan boshqa kerakli amallar yoʻqmi?
Javob: Musulmonlik uchun ushbu besh ishdan boshqa ham kerakli amallar nihoyatda koʻpdir.
Savol: Mashhurroqlari qaysilar?
Javob:

  1. Shariat buyurgan ibodatlarning barchasini qilib, shariat qaytargan ishlarning barchasidan qaytmoq.
  2. Din va dunyo uchun kerakli har xil ilm hamda har xil tillarni oʻqimoq va oʻrganmoq.
  3. Har ishni ilm, ittifoq, va toʻgʻrilik bilan qilmoq.
  4. Barcha musulmonlarni oʻz qarindoshlari kabi doʻst tutmoq.
  5. Ota-onani va ulugʻ kishilarni izzat-hurmat qilmoq.
  6. Yoshlarga marhamat, faqirlarga shafqat, muhtojlarga inoyat (ya’ni ehson, sovgʻa) etmoq.
  7. Oʻz foydasidan koʻra xalq va millat foydasini yaxshi koʻrmoq.
  8. Islom dinining taraqqiyoti va rivoji uchun doim harakatda boʻlmoq, va shularga oʻxshagan ishlardir.

Imon

Savol: Imon nima?
Javob: Imon Alloh taolo tarafidan Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomga kelgan Haq dinga va uning barcha hukmlariga chin koʻngildan ishonib, ishonganligini til bilan aytib iqror boʻlmoq.
Savol: Imonli boʻlmoq uchun qaysi kalimalarni aytmoq lozim?
Javob: Tavhid, Shahodat va Imon kalimalarini aytmoq bilan imon tasdiqlanadi.
Savol: Bu kalimalarni qanday aytmoq kerak?
Javob: Ularning ma’nolarini bilib, chin koʻngildan ishonib aytmoq, lozim.
Savol: Tavhid kalimasi qaysi?
Javob: Tavxid kalimasi ushbudir: «Ashhadu alla ilaha illallohu vahdahu la sharika lah lahul mulku va lahul hamd. Yuh’i va yumit. Va huva hayyul la yamut. Biyadihil xayr va huva ‘ala kulli shay’in qodir». Ma’nosi: Guvohlik beramanki, Alloh taolodan oʻzga ma’bud yoʻq. Unga (teng keladigan) sherik yoʻq, barcha olam Uning mulki va barcha hamdu sanolar Unga xosdir. U (barcha mavjudotga) hayot baxsh etadi va hayotdan judo ham qiladi. U doimo barhayot. Hamma yaxshiliklar Uning koʻlida va U har ishga qodirdir.
Savol: Shahodat kalimasi qaysi?
Javob: Shahodat kalimasi ushbudir: «Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh». Ma’nosi: Guvohlik beramanki, Alloh taolodan boshqa iloh yoʻq, albatta, Muhammad alayhissalom Uning bandasi va (Allohning bandalariga din hukmlari oʻrgatmoq uchun yuborgan) elchisidir.
Savol: Imon kalimasi qaysi?
Javob: Imon kalimasi ushbudir: «Amantu billaxi va malaikatihi va kutubihi va rusulihi valyavmil axiri valqodari xoyrihi va sharrihi minallohi ta’ala val ba’si ba’dal mavt». Ma’nosi: Allohga va Uning farishtalari, kitoblari, paygʻambarlari hamda qiyomat kuniga, taqdirning yaxshisi ham, yomoni ham Alloh taolodan ekanligiga va oʻlgandan soʻng qayta tirilishga ishondim.

Alloh Taologa Ishonmoq

Savol: Qisqacha Imon kalimasi qaysi?
Javob: Alloh taologa ishonmoqni ifodalovchi qisqacha Imon kalimasi ushbudir: «Amantu billahi kama huva bi’asma’ihi va sifatihi va qabiltu jami’a ahkamihi». Ma’nosi: Allohga, U ismlari va sifatlarida qanday boʻlsa, shundayligicha ishondim. Va Allohning barcha hukmlarini qabul qildim.
Savol: Alloh taolo qanday zot?
Javob: Alloh taoloning zotini bilmoqqa bizning aqlimiz yetmaydi.
Savol: Alloh taologa komil imon keltirmoq uchun nima kilmoq kerak?
Javob: Alloh taologa komil imon keltirmoq uchun U Zotni sifatlari bilan bilmoq lozimdir.
Savol: Alloh taoloning sifatlari qaysi?
Javob: Alloh taoloning sifatlari ushbulardir: Birinchi sifati «Mavjud», ya’ni, bordir. Alloh taoloni hech kim bor qilgan emas, balki Oʻzidan-oʻzi azaliy bordir.
Savol: Borligining avvali va oxiri bormi?
Javob: Borligining avvali va oxiri yoʻq, ya’ni, bizga oʻxshash avval yoʻq boʻlib, keyin bor boʻlgan va oxirida yoʻq boʻladigan emas, balki doimo bor boʻlib turguvchidir. Ikkinchi sifati «Ahad», ya’ni, birdir, yakkayu yolgʻizdir, hech bir sherigi, tengdoshi, oʻxshashi, oʻgʻil-qizi, ota-onasi, qarindoshi, eri va xotini yoʻq. Uchinchi sifati «Hayyun» ya’ni, tirikdir.
Savol: Tirikligi nima bilan?
Javob: Bizga oʻxshash tan va jon bilan emas, balki Oʻz zotiga munosib bir sifat bilan tirikdir.
Savol: Alloh taoloda oʻlmoq, uxlamoq bormi?
Javob: Alloh taolo oʻlmoq, va uxlamoq kabi kamchilik sifatlardan pokdir. Oʻlmoq va uxlamoq maxluqlarning sifatlaridir. Toʻrtinchi sifati «Alim», ya’ni biluvchidir.
Savol: Alloh taolo nimalarni biladi?
Javob: Boʻlib oʻtgan ishlarni, endi boʻladigan ishlarni, xoh katta, xoh kichik, barchasini biladi.
Savol: Alloh taolo bilmaydigan ish bormi?
Javob: Yerda boʻlsin, osmonda boʻlsin, Alloh taolo bilmaydigan hech bir ish yoʻq.
Savol: Nima bilan biladi?
Javob: Bizga oʻxshash aql va zehn bilan yoki oʻrganmoq va oʻylamoq yordamida emas, balki Oʻz zotiga munosib bir sifat bilan biladi. Beshinchi sifati «Murid», ya’ni xohlaguvchidir. Dunyodagi ishlarning har biri Alloh taoloning irodasi va xohishi bilan boʻladi. Alloh taolo xohlagan ish boʻlmay qolmaydi va U xohlamagan ish esa, aslo boʻlmaydi. Oltinchi sifati «Kodir», ya’ni xar ishga qudrati yetguvchi, har narsani qilmoqqa qodirdir. Bizga oʻxshash tan kuvvatiga, asbob va kishilar yordamiga muhtoj emas. Yettinchi sifati «Basir», ya’ni koʻruvchidir.
Savol: Qanday narsalarni koʻradi?
Javob: Yer va osmondagi, qorongʻu va yorugʻdagi katta va kichik narsalarning barchasini koʻradi.
Savol: Nima bilan koʻradi?
Javob: Bizga oʻxshash koʻz bilan emas, balki Oʻz zotiga munosib bir sifat bilan koʻradi. Sakkizinchi sifati «Sami’», ya’ni eshitguvchidir.
Savol: Qanday ovozlarni eshitadi?
Javob: Qattiq boʻlsin, sekin boʻlsin, xar qanday ovozlarni eshitadi.
Savol: Nima bilan eshitadi?
Javob: Bizga oʻxshash quloq bilan emas, balki Oʻz zotiga munosib bir sifat bilan eshitadi. Toʻqqizinchi sifati «Mutakallim», ya’ni, soʻzlaguvchidir. Qur’ondagi barcha oyatlar Alloh taoloning soʻzidir.
Savol: Biz bilmagan soʻzi ham bormi?
Javob: Biz bilmagan soʻzi nihoyatda koʻp. Tavrot, Injil, Zabur nomli kitoblar ham Alloh taoloning soʻzidir.
Savol: Nima bilan soʻzlaydi?
Javob: Bizga oʻxshash til bilan, ovoz va tovushlar yordamida emas, balki Oʻz zotiga munosib bir sifat bilan soʻzlaydi. Oʻninchi sifati «Mukavvin», ya’ni boʻldirguvchidir.
Savol: Nimalarni boʻldiradi?
Javob: Dunyodagi bor narsalarning barchasi Alloh taoloning boʻldirmogʻi bilan yaralgan. Oʻn birinchi sifati «Rabbun», ya’ni, tarbiya qilguvchidir.
Savol: Kimlarni tarbiya qiladi?
Javob: Dunyodagi jonli va jonsiz narsalarning barchasini tarbiya qiluvchi Alloh taolodir. Oʻn ikkinchi sifati «Odil», ya’ni, toʻgʻrilik bilan ish koʻruvchidir, ya’ni har bir hukmni va har qaysi ishni toʻgʻrilik bilan qiladi. Hech kimga jabr va zulm oʻtkazmaydi.
Savol: Alloh taoloning bulardan boshqa ham sifatlari bormi?
Javob: Alloh taoloning bulardan boshqa sifatlari ham nihoyatda koʻp. Dunyo va oxiratdagi har bir yaxshilik Alloh taoloning sifatidir.
Savol: Alloh taoloning biror aybi bormi?
Javob: Alloh taoloning zotida va sifatida hech bir ayb va kamchilik yoʻq.
Savol: Alloh taolo turadigan joyi va makoniga egami?
Javob: Alloh taoloning turadigan joyi (makoni), oldi va orqasi, oʻng va chapi, yuqori va pasti yoʻq, balki u har yerda hozirdir.
Savol: Alloh taologa yemoq va ichmoq xosmi?
Javob: Alloh taolo yemoq, ichmoq, ogʻrimoq kabi kamchilik sifatlardan pokdir.

Farishtalarga Ishonmoq

Savol: Farishtalar kimlar?
Javob: Farishtalar Alloh taoloning nihoyatda itoatli, hech bir gunohsiz, nurdan yaratilgan, bizning koʻzimizga koʻrinmaydigan bandalaridir.
Savol: Farishtalar nima ish kilishadi?
Javob: Doim Alloh taoloning buyurgan ishlarini qiladilar. Alloh taoloning buyrugʻidan aslo chiqmaydilar.
Savol: Farishtalar Allohning boshqa bandalaridan farqli yana Qanday hususiyatlarga ega?
Javob: Farishtalarda erlik, xotinlik, tugʻmoq, tugʻdirmoq, yemoq, ichmoq va uxlamoq kabi ishlar aslo yoʻqdir.
Savol: Oralarida mashhurroqlari kimlar?
Javob: Oralarida Jabroil, Mikoil, Isrofil, Azroil alayhimussalom ismli mashhurlari va Alloh taologa eng yaqin boʻlganlari bor.
Savol: Farishtalar bizning koʻzimizga koʻrinishlari mumkinmi?
Javob: Agarda oʻzlari xohlasalar, bizning koʻzimizga har xil suratda koʻrinmoqlari mumkin.

Paygʻambarlarga Ishonmoq

Savol: Paygʻambar deb kimlarga aytiladi?
Javob: Paygʻambar deb, Alloh taolo tarafidan bandalariga din hukmlarini oʻrgatmoq, uchun yuborilgan elchilarga aytiladi.
Savol: Paygʻambarlar qanday zotlar?
Javob: Paygʻambarlar Alloh taoloning nihoyatda aqlli, ziyrak, toʻgʻri va itoatli bandalaridir. Alloh taoloning amridan aslo chiqmaydilar, hech gunoh qilmaydilar. Oʻzlari odam bolalaridan boʻladi.
Savol: Qiladigan ishlari qaysilar?
Javob: Ishlari Alloh taolo tarafidan buyurilgan din va shariat hukmlarini bandalariga yetkazmoq, bandalarni haq dinga va yaxshi amallarga va’z va nasihat bilan chaqirmoq va Alloh taologa ibodat qilmoqdir.
Savol: Paygʻambarlarda yemoq, ichmoq kabi ishlar bormi?
Javob: Paygʻambarlarga yemoq, ichmoq, uxlamoq, uylanmoq va oʻlmoq kabi ishlarning barchasi xosdir.
Savol: Dunyoga qancha paygʻambarlar kelib ketishgan?
Javob: Dunyoga nihoyatda koʻp paygʻambarlar kelib ketishgan. Hisobi bizga ma’lum emas.
Savol: Qur’onda necha paygʻambarning ismlari zikr qilingan?
Javob: Qur’onda yigirma sakkiz paygʻambarning ismlari zikr etilgan.
Savol: Ular kimlar?
Javob: Ular Odam, Idris, Nuh, Hud, Solih, Lut, Ibrohim, Ismoil, Ishok, Yahyo, Yusuf, Ayyub, Shu’ayb, Muso, Xorun, Zulkifl, Dovud, Sulaymon, Ilyos, Alyasa’, Yunus, Zakariyo, Yaxr, Iso, Oʻzayr, Luqmon, Zulqarnayn va Muhammad alayhimussalom hazratlaridirlar.
Savol: Ular orasida paygʻambarliklari aniq ma’lum boʻlmaganlari ham bormi?
Javob: Ulardan Uzayr, Luqmon va Zulqarnayn xazratlarining paygʻambarliklari aniq ma’lum emas. Bu uch zotni ba’zi ulamolar paygʻambarlardan va ba’zilari avliyolardan deyishadi.
Savol: Bulardan boshqa paygʻambarlarning ismlari ma’lum emasmi?
Javob: Bulardan boshqa Shis, Xizr, Bashr, Doniyol, Yusha’, Ishmuyil, Asha’yo va Armiyo ismli paygʻambarlarning ismlari tarix va hadis kitoblaridan ma’lum.
Savol: Paygʻambarlar necha xil boʻlishadi?
Javob: Paygʻambarlar ikki xil boʻlishadi: ba’zilari rasul va ba’zilari nabiy deyiladi.
Savol: Qanday paygʻambarlarga rasul deyiladi?
Javob: Alloh taolo tarafidan oʻzlariga alohida Kitob va shariat berilgan paygʻambarlarga rasul deyiladi.
Savol: Qanday paygʻambarlarga nabiy deyiladi?
Javob: Oʻzlariga maxsus kitob va shariat berilmay, boshqa bir rasulga berilgan Kitob va shariatga amal qilishga buyurilgan paygʻambarlarga nabiy deyiladi.
Savol: Nabiylar rasul boʻla oladilarmi?
Javob: Nabiylarning hech birlari rasul boʻla olmaydi. Ammo, rasullarning xar biriga nabiy ham deyiladi.
Savol: Bu paygʻambarlardan necha kishiga Kitob va shariat berilgan?
Javob: Bu paygʻambarlardan sakkiz kishiga aloxida Kitob va shariat berilgan.
Savol: Kim-kimlarga?
Javob: Odam, Shis, Idris, Ibrohim, Muso, Dovud, Iso va Muhammad alayhimussalomlarga.
Savol: Paygʻambarlarning birinchisi kim boʻlgan?
Javob: Paygʻambarlarning birinchisi barchamizning otamiz hazrati Odam alayhissalomdir.
Savol: Paygʻambarlarning oxirgisi kimdir?
Javob: Paygʻambarlarning oxirgisi va barchadan afzali bizning Paygʻambarimiz hazrati Muhammad alayhissalomdirlar.
Savol: Muhammad alayhissalomdan soʻng dunyoga paygʻambar keladimi?
Javob: Muhammad alayhissalomdan soʻng dunyoga aslo paygʻambar kelmaydi. Bu zotning shariatlari (koʻrsatgan yoʻllari) bilan qiyomatgacha amal qilinadi.
Savol: Biz qaysi paygʻambarning shariatlari bilan amal qilamiz?
Javob: Biz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning shariatlari bilan amal qilamiz.

Kitoblarga Ishonmoq

Savol: Qaysi soʻzlar Alloh taoloning Kitoblaridir?
Javob: Hur zamonning oʻziga yarashadigan dini va muomalot hukmlarini bayon etib, oʻsha zamon paygʻambarlariga yuborilgan soʻzlar - Alloh taoloning Kitoblaridir.
Savol: Alloh taolo paygʻambarlariga necha Kitob yubordi?
Javob: Alloh taolo shu biz bilgan paygʻambarlariga yuz saxifa va toʻrt Kitob yubordi.
Savol: Yuz saxifani qaysi paygʻambarlariga yubordi?
Javob: Yuz saxifadan oʻn saxifani Odam alayhissalomga, ellik saxifani Shis alayhissalomga, oʻttiz saxifani Idris alayhissalomga, oʻn saxifani Ibrohim alayhissalomga yubordi.
Savol: Toʻrt Kitobni qaysi paygʻambarlariga yubordi?
Javob: Toʻrt Kitobdan Tavrot nomli Kitobni Muso alayhissalomga, Zabur nomli Kitobni Dovud alayhissalomga, Injil nomli Kitobni Iso alayhissalomga, Qur’on nomli Kitobni bizning Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomga yubordi.
Savol: Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomga Qur’on qaysi ravishda yuborildi?
Javob: Qur’onni kerakli vaqtlarda Alloh taolo tarafidan Jabroil alayhissalom ismli farishta kelib, Muhammad alayhissalomga oyat-oyat bildirib ketdilar.
Savol: Eng oxirgi Kitob qaysi?
Javob: Eng oxirgi Kitob Qur’ondir. Qur’on nozil kilinmogʻi bilan avvalgi kitoblarning ba’zi hukmlari bekor boʻldi. Qur’on hukmlari bilan amal qilmoq barchaga lozim etildi.
Savol: Qur’onda qanday hukmlar bor?
Javob: Odam bolalarining dunyo va oxiratlari uchun foydali boʻlgan, xar zamonga toʻgʻri keladigan va qiyomatgacha oʻzgarmaydigan hikmatli hukmlar bor.
Savol: Biz qaysi Kitob bilan amal qilamiz?
Javob: Biz barcha kitoblarning afzali va akmali Qur’oni karim bilan amal qilamiz.

Oxirat Kuniga Ishonmoq

Savol: Oxirat kuni deb qaysi kunga aytiladi?
Javob: Bir kun kelib, bu dunyodagi bizning koʻzimizga koʻrinadigan va koʻrinmaydigan, jonli va jonsiz narsalarning barchasi yoʻq boʻlib, Alloh taoloning oʻzidan va xohlaganidan boshqa hech narsa qolmaydi, oʻsha kunga oxirat kuni deyiladi.
Savol: Oxirat kuni qachon boʻladi?
Javob: Oxirat qachon boʻlishini Alloh taoloning Oʻzidan boshqa hech kim bilmaydi, lekin (u kun) albatta keladi.
Savol: (U kun) oʻlgan bandalarning hollari qanday boʻladi?
Javob: Oʻlgan bandalar goʻrga koʻyilganlaridan soʻngra goʻrlariga Munkar va Nakir ismli ikki farishta kirib, «Rabbing kim, dining qaysi, paygʻambaring kim?» deb savol qilishadi.
Savol: Bu savollarga toʻgʻri javob bergan bandalarga nima qilinadi?
Javob: Bu savollarga toʻgʻri javob bergan bandalar yaxshilardan hisoblanib, kiyomatgacha rohatda boʻladilar.
Savol: Toʻgʻri javob bermaganlarga nima qilinadi?
Javob: Toʻgʻri javob bermagan bandalar yomonlardan sanalib, qiyomatgacha azobda qoladilar.
Savol: Oʻlgan bandalar yana tiriladilarmi?
Javob: Oxirat kuni kelib, barcha yoʻq boʻlgandan soʻng, Alloh taoloning qudrati bilan oʻlib ketgan bandalarning barchalari yana tiriladi.
Savol: Tirilgandan soʻng ular nima qilishadi?
Javob: Tirilgandan soʻng barchalari uyqudan turgandek goʻrlaridan chiqib, Alloh taolo tayin qilgan yerga borib yigʻiladilar.
Savol: Bandalar u kuni yigʻiladigan yer nima deyiladi?
Javob: Bandalar u kuni yigʻiladigan yer «Mahshar yeri» va u kun «Qiyomat kuni» deyiladi.

Qiyomat Kuniga Ishonmoq

Savol: Qiyomat kuni Qanday kun?
Javob: Qiyomat kuni bandalarning bu dunyoda qilgan yaxshilik va yomonliklari ma’lum boʻladigan, yaxshi bandalar uchun sevinchli, yomon bandalar uchun qoʻrqinchli va shiddatli kundir.
Savol: Bandalarning yaxshilik va yomonliklari qay ravishda ma’lum boʻladi?
Javob: Barcha bandalar goʻrlaridan chiqib, Mahshar yeriga yigʻilganlaridan soʻng har birlarining bu dunyodagi qilgan yaxshilik va yomonliklari hisob qilinib, Alloh taoloning qudrat tarozusida oʻlchanadi. Har kimning yaxshiligi va yomonligi oʻziga va barcha kishilarga shu ravishda ma’lum boʻladi.
Savol: Yaxshiliklari ma’lum boʻlgan bandalarni ne hol kutadi?
Javob: Yaxshiliklari ma’lum boʻlgan bandalar xursandlik bilan Sirot koʻprigidan oʻtib, jannatga kiradilar.
Savol: Yomonliklari ma’lum boʻlgan bandalarning hollari qanday kechadi?
Javob: Bunday bandalar oʻz yomonliklaridan uyalib, sharmanda boʻladilar, agarda Alloh taolo gunohlaridan kechmasa, Sirot koʻprigidan oʻtolmay, doʻzaxga kiradilar.

Sirot, Jannat Va Doʻzax

Savol: Sirot koʻprigi qanday koʻprik?
Javob: Sirot koʻprigi Maxshar yeri bilan jannat orasida doʻzax ustiga qurilgan, qilichdan oʻtkir, qildan ingichka va nihoyatda uzun koʻprikdir. Jannatga kiruvchilarning har biri unga ushbu koʻprikdan oʻtib kiradi.
Savol: Jannat qanday joy?
Javob: Jannat yaxshi bandalar uchun har xil ne’matlar bilan ziynat berilib yaratilgan va kattaligi bu dunyoga bir necha barobar keladigan rohat saroyidir.
Savol: Doʻzax qanday joy?
Javob: Doʻzax ham bu dunyoga bir necha barobar keladigan va yomon bandalar uchun yaratilgan azob zindonidir. Barchamizni Alloh undan asrasin!
Savol: Jannatga kirgan kishilar qaytib chiqariladilarmi?
Javob: Jannatga kirgan kishilar qaytib chiqmaydilar va oʻlmoq ogʻrimoq, xafa boʻlmoq, ishlamoq, hamda bir narsaga muxtoj boʻlmoq kabi koʻngilsiz hollardan qutulib, doimo xursandlik bilan rohat va farogʻatda boʻladilar.
Savol: Doʻzaxga kirgan kishilar qaytib chiqadilarmi?
Javob: Doʻzaxga kirgan kishilarning imonlilari qilgan gunoxlariga yarasha azob tortganlaridan soʻng, doʻzaxdan chiqib, jannatga kiradilar. Ammo imonsizlari aslo chiqmay, doimiy azobda qoladilar.
Savol: Jannatga kirgan kishilarga Alloh taolo nimani koʻrsatadi?
Javob: Jannatga kirgan kishilarga Alloh taolo Oʻzining diydorini koʻrsatadi. Ammo qay ravishda koʻrsatmogʻi bandaga ma’lum emas.

Taqdirga Ishonmoq

Savol: Taqdir deb nimaga aytiladi?
Javob: Alloh taolo har bir yaxshi va yomon ishning qaysi zamonda, qaysi joyda, qaysi ravishda boʻlmogʻini Oʻz izmi azaliysi bilan bilib, boʻlmasidan burun tayin qilib qoʻygan. Taqdir deb shunga aytiladi.
Savol: Alloh taolo taqdir kilmagan ishni banda boʻldira oladimi?
Javob: Alloh taolo taqdir kilmagan ishni hech kim boʻldira olmaydi.
Savol: Alloh taolo taqdir kilgan ish boʻlmay qoladimi?
Javob: Alloh taolo taqdir kilgan ish aslo boʻlmay qolmaydi.

Sharh

Alloh taoloning taqdiriga shu ravishda ishonmoq kifoyadir. Lekin, taqdirda nima boʻlsa, shuni koʻramiz deb harakatsiz yotmay, Alloh taoloning fazlu karamidan umidvorlikda, yaxshi amallar qilib, qaxru-gʻazabidan qoʻrqib, yomon ishlardan qochish, Islom dinining rivoji va taraqqiysiga sabab boʻladigan ishlarda qatnashmoq har bir musulmonga farz va lozimdir. Chunki, Alloh taolo taqdirda koʻp ishlarning boʻlish va boʻlmasligini bandaning sa’yi xarakatiga bogʻlab qoʻygan. Qur’oni karimda: «...Va an laysa lil insani illa ma sa’a», ya’ni, «Insonga oʻzining sa’yi harakatining mahsulidan boshqa hech narsa yoʻqdir», deyiladi. Masalan: bir kishi harakat qilib, bir yerga bugʻdoy eksa, albatta, u yerdan bugʻdoy oladi. Harakat qilmasa, ekmasa, u yerdan bugʻdoy ololmaydi. Buni toʻgʻri oʻylagan kishilarga ushbu masalalar ochiqroq ma’lum boʻladi. Chunki, Alloh taolo bandalarini yaxshi ishlarni qilishga, yomon amallardan qochishga taklif qilib, yana juz’iy (qisman) ixtiyorni bandaning oʻziga bergan. Alloh banda ixtiyor qilgan yaxshi ishni rozilik bilan, yomon ishni norozilik bilan Oʻzi avvalda belgilab qoʻygan taqdir va tayiniga muvofiq Oʻzi boʻldiradi. (Alloh taolo) yaxshi ishlar uchun jannat rohatini, yomon ishlar uchun doʻzax azobini va’da qilgan.

Paygʻambarimiz Muhammad Sollallohu Alayhi Va Sallam

Savol: Muhammad alayhissalom qanday zotdirlar?
Javob: Muhammad alayhissalom jumla mavjudot (hamma bor narsalar) ning afzali, Alloh taoloning eng yaqin doʻsti va Rasuli va oxir zamon Paygʻambaridirlar.
Savol: Qaysi joyda, qaysi oyda va qaysi kunda tugʻilganlar?
Javob: Makkai mukarrama shahrida, rabiulavval oyining 12-sida, dushanba kuni tong vaqtida dunyoga kelganlar.
Savol: Otalari kimdirlar?
Javob: Otalari arablarning Quraysh qabilasidan Abdulloh ismli kishidirlar.
Savol: Abdullohning otalari kimdirlar?
Javob: Abdullohning otasi Abdulmuttalib, Abdulmuttalibning otasi Hoshim, Hoshimning otasi Abdulmannon ismli kishilardir.
Savol: Onalari kimdirlar?
Javob: Onalari ham arablarning Quraysh qabilasidan Vahobning kizi Omina ismli xotindirlar.
Savol: Otalari qay vaqtda vafot etdilar?
Javob: Muhammad alayhissalom tugʻilmaslaridan burun otalari vafot qilgan edilar.
Savol: Onalari qachon vafot etdilar?
Javob: Olti yoshga yetganlarida onalari vafot etib, bobolari Abdulmuttalibning qoʻlida qoldilar.
Savol: Bobolari vafot etgandan soʻng kimning qoʻlida va tarbiyasida qoldilar?
Javob: Abu Tolib ismli amakilarining tarbiyasida qoldilar.
Savol: Yosh vaqtlarida qanday edilar?
Javob: Yosh vaqtlarida ham ochiq yuzli, shirin soʻzli, nihoyatda toʻgʻri, aqlli va ishonchli boʻlib, Makka xalqi orasida e’tibor va shuhrat topib, Muhammad Amin, ya’ni «ishonchli» nomini olgan edilar.
Savol: Necha yoshlarida uylandilar?
Javob: 25 yoshlarida Xadicha ismli bir boy xotinga uylandilar.
Savol: Necha yoshlarida Paygʻambar boʻldilar?
Javob: 40 yoshga yetganlarida Alloh taolo Jabroil ismli farishta vositasida paygʻambarlik yuborib, bandalarini Islom diniga chaqirishga buyurdi.
Savol: Paygʻambar boʻlganlaridan soʻngra nima ish qildilar?
Javob: Paygʻambar boʻlganlaridan soʻngra oʻn uch yil Makkada turib, uning xalqini Islom diniga taklif qildilar.
Savol: Shu yillar mobaynida Makka xalqidan qancha kishi Islom dinini qabul etdi?
Javob: Bu oʻn uch yil ichida Makka xalqidan va oʻzga joylardan bir necha yuzgina kishi Islom dinini qabul etib, musulmon boʻldilar, qolganlari qabul etmay, Paygʻambarimizga dushmanlik yoʻlidan borib, har xil jabrlar oʻtkazishga, hatto oʻldirishga harakat qildilar.
Savol: Shundan soʻngra nima qildilar?
Javob: Shundan soʻng, 53 yoshlarida Paygʻambarimiz Alloh taoloning buyrugʻi bilan Makkadan Madina shahriga koʻchdilar. (Paygʻambarimizning Madinaga koʻchishlari «xijrat« deyiladi. Xijrat kunidan boshlab Islom dini quvvat topganligi uchun musulmonlarning oʻsha yili tarix boshi xisoblanadi va »xijriy tarixi» deb ataladi.)
Savol: Madinaga koʻchishlariga nima sabab boʻldi?
Javob: Bu shaharga koʻchishlariga kofirlarning musulmonlarga qilgan jabr-zulmlari sabab boʻldi.
Savol: Madinada necha yil turdilar?
Javob: Bu shaharda oʻn yil turib, xalqini Islom diniga taklif qildilar.
Savol: Shu yillar ichida musulmonlar soni qanchaga yetdi?
Javob: Bu davrda xar tarafdan odamlar toʻp-toʻp boʻlib kelishib, musulmon boʻla boshladilar. Shu sababli qisqa vaqtda musulmonlar quvvat topib, ular soni yuz mingdan oshdi.
Savol: Muhammad alayhissalom necha yoshlarida vafot etdilar?
Javob: Muhammad alayhissalom Madinada oʻn yil turganlaridan soʻng, 63 yoshlarida vafot etdilar.

Sahobalar

Savol: Sahoba deb kimlarga aytiladi?
Javob: Sahoba deb, Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning tirik vaqtlarida Islom dinini qabul etib, oʻzlarini koʻrgan musulmonlarga aytiladi.
Savol: Sahobalar qanday kishilar?
Javob: Sahobalarning xar biri koʻp ishlarda Paygʻambarimizga yordam bergan, Islom dinining quvvati va shavkatiga sabab boʻlgan aziz va hurmatli kishilardir. Ularning barchalarini doʻst tutmoq, va xotiralariga ta’zim qilmoq jumlai (hamma) musulmonlarga lozimdir.
Savol: Muhammad alayhissalom vafotlaridan soʻng oʻrinlariga kim xalifa boʻldi?
Javob: Muhammad alayhissalomning vafotlaridan soʻng oʻrinlariga barcha Sahobalarning afzali hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu xalifa boʻldilar. U zot yigirma yetti oy xalifalik qilib, xijratning 13-yilida vafot etdilar.
Savol: Oʻrinlariga kim xalifa boʻldi?
Javob: Oʻrinlarida xazrati Umari odil roziyallohu anhu oʻn yarim yil xalifalik kilib, xijratning 23-yilida shahid boʻldilar.
Savol: U kishidan soʻng kim xalifa boʻldi?
Javob: U kishidan soʻng xazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu oʻn ikki yil xalifalik kilib, xijratning 35-yilida shahid boʻldilar.
Savol: U kishining oʻrinlariga kim xalifa boʻldi?
Javob: U kishining oʻrinlariga hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu xalifa boʻlib, xijratning 40-yilida shahid ketdilar.
Savol: Bu toʻrt zot qanday xalifa boʻldilar?
Javob: Sahobalarning bay’at kilmoqlari, axdlashuvlari va saylamoqlari bilan bu toʻrt zot barhaq (haqqoniy) xalifalar boʻldilar.
Savol: Ulardan soʻngra xalifalik kimlarga qoldi?
Javob: Xalifalik hazrati Alining oʻgʻillari hazrati Imom Hasanga qolgan boʻlsa ham, u zot murosa uchun ushbu martabani hazrati Muoviyaga topshirdilar. Bundan soʻng musulmonlar orasida har xil ixtiloflar va urushlar chiqa boshladi. Xilofat (xalifalik) saltanatga (podshoxdikka) aylandi. Shunday boʻlsa ham, Islom dini oʻzining haqligi va u zamondagi musulmonlarning gʻayratlari tufayli butun dunyoga yoyildi.

Davlati Umaviya

Hazrati Muoviyadan boshlangan davlatga Umaviya davlati deyilur. Davlati Umaviya 92 yil turdi. Bu 92 yil ichida umaviylardan 14 kishi podshoh boʻlib oʻldilar. Ul podshohlarning ismlari

  1. Hazrati Muoviya Abu Sufyon oʻgʻli
  2. Yazid hazrati Muoviya oʻgʻli
  3. Ikkinchi Muoviya Yazid oʻgʻli
  4. Marvon Haqam oʻgʻli
  5. Abdulmalik Marvon oʻgʻli
  6. Valid Abdulmalik oʻgʻli
  7. Sulaymon Abdulmalik oʻgʻli
  8. Umar Abdulaziz oʻgʻli
  9. Ikkinchi Yazid Abdulmalik oʻgʻli
  10. Hishom Abdulmalik oʻgʻli
  11. Ikkinchi Valid ikkinchi Yazid oʻgʻli
  12. Uchinchi Yazid birinchi Valid oʻgʻli
  13. Ibrohim birinchi Valid oʻgʻli
  14. Ikkinchi Marvon Muhammad oʻgʻli.


Davlati Umaviya podshohlarining eng ulugʻ xizmatlari Islom dinini har tarafga yoymoq va islom mamlakatlarini kengaytirmoq boʻldi.

Davlati Abbosiya

Ikkinchi Marvon zamonida musulmonlar umaviylardan norozi boʻlib, paygʻambarimizning amakilari hazrati Abbosning avlodlaridan Abdulloh ismli kishinn podshoh qilib sayladilar. Bundan soʻngra islom podshohligi umaviylardan abbosiylarga oʻtdi. Bu davlatga - Davlati Abbosiya deyiladur. Abbosiylardan 37 kishi podshoh boʻlib oʻtgandan soʻng, islom podshohligi abbosiylardan usmoniylarga oʻtdi.