OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Muqaddas Ahmedova. Marjon (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuqaddas Ahmedova
Asar nomiMarjon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muqaddas Ahmedova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Marjon (hikoya)
Muqaddas Ahmedova

Jabbor akani Xudo urdi: bugun olgan maoshini ichib qoʻydi. Aslida u yakkayu yagona qizi — Zahroning tugʻilgan kuniga marjon shodasini sotib olib sovgʻa qilmoqchi edi. Afsuski, hammasi chappasiga ketdi.

Jabbor aka yoʻlak chekkasidagi yogʻoch oʻrindiqqa behol choʻkib chuqur nafas oldi. Tevaragiga ma’yus, toʻnib qaradi.

Quyosh soʻnggi shu’lalarini shahar ustidan shosha-pisha yigʻib olmoqda. Balandu past imoratlar hurpayib koʻrinadi. Keng yoʻlda mashinalar serqatnov. Bekatlarda yoʻlovchilar siyrak.

Uning koʻngli gʻashlandi. Tamom... hammasi tamom. Endi xotinimga nima deyman... qizginamning yuziga qanday qarayman, degan noxush oʻylar uning ich-ichini ayovsiz timdalar edi.

Jabbor aka allaqanday qoʻshma korxonaga qarashli omborda yuk tashuvchi boʻlib ishlaydi. Maoshidan noliydigan joyi yoʻq. Goh-goho hatto mukofot puli ham berib turishadi. Biroq allaqachon ellik yoshni hatlab oʻtgan, sochlari siyraklashib, quyuq oq aralashgan bu ishchi topgan-tutganini u oydan bu oyga arang yetkazadi. Sababi uning oʻziday oddiy: u ichkilikka ruju qoʻygan. Kun ora uyiga gandiraklab, sudralib kirib boradi. Xotini avval-boshda uni ancha jerkiydi-yu, keyin yuvinib-chayinishiga, oʻrniga yotishiga koʻmaklashadi. Jabbor aka xotinining mehribonchiliklaridan juda xijolat boʻladi. Uning koʻpgina shishadosh joʻralarining ayollariga oʻxshab tong otguncha ayyuhannos solib, qargʻanib chiqishini istaydi. Jabbor aka, ayniqsa, qizi Zahroning oldida oʻzini juda noqulay sezadi, uyaladi. Ota boʻlib yakkayu yagona farzandining koʻnglini kerakligicha ovlayolmayotganidan, kerakligicha mehr-muhabbat koʻrsata olmayotganidan oʻkinadi. Shunday kezlari ogʻziga boshqa ichkilik olmaslikka oʻz-oʻziga soʻz beradi, qoʻllarini musht etib, tish qayraydi. Biroq, oradan uch-toʻrt kun oʻtmasdanoq yana uyiga chayqalganicha kirib kelaveradi.

Bugun ertalab u oʻzgacha bir kayfiyat bilan ishga otlandi. Axir qizining tugʻilgan kuni. Zahro roppa-rosa oʻn sakkizga toʻlyapti! Unga bir yaxshiroq sovgʻa qilmasa boʻlmaydi-ku, axir?! Pul masalasi hal: bugun maosh oladi.

Jabbor aka ishga otlana-otlana xotiniga Zahroning tugʻilgan kuniga marjon shodasi sovgʻa qilmoqchi ekanini beixtiyor aytib qoʻydi. Xotini mamnun-mamnun jilmaydi. Otasining niyati qoʻqqis qulogʻiga chalingan Zahro quvonchdan yal-yal yashnadi.

Biroq...

Yoʻlak chekkasidagi yogʻoch oʻrindiqda bukchayibgina oʻtirgan Jabbor aka chuqur tin oldi. Qop-qora, oriq yuzlari alamdan battar qorayib ketganday boʻldi. U soqollari tikanakday oʻsgan iyaklarini asabiy qashlab, bugun boʻlib oʻtgan voqealarni bir-bir koʻz oldidan oʻtkazdi.

Maosh olgach, boshliqlarning koʻzini shamgʻalat qilib koʻchaga otildi. Yuragi toshardi uning. Markazdagi oldilari oynavand, serhasham magazin tomon joʻnadi. Xuddi shu doʻkonda u marjon shodasini koʻrgan. Anchadan beri shu gʻalati matohdan qiziga sovgʻa qilishni diliga tukkan. Afsuski, bu niyatiga shu paytgacha erisha olmagan. Ammo endi hech bir bahona ketmaydi. Pul bor, niyat bor, sabab bor: tugʻilgan kun...

Jabbor aka hovliqqancha borardi. Ammo katta chorraha biqinidagi har bir tosh-kesagigacha oʻziga tanish ichimliklar doʻkonchasi yonidan oʻtayotganida qadamlari beixtiyor sekinlashdi. Axir u yerda baqaloq sotuvchi turli ichimliklarga limmo-lim yogʻoch qutilarni gʻayrat bilan ichkariga tashirdi-da.

«Ob-bo, zap ustidan chiqibman-u», deb yuborganini Jabbor akaning oʻzi ham sezmay qoldi. Lekin darrov sergak tortdi. Qayga, ne sababdan ketayotganini esladi.

U choʻntagidagi pullarni kaftida siqqanicha yoʻlida davom etdi. «Yo, ozgina yutib olsammikan, a... Charchoqlarim tarqardi-da...» deb oʻyladi Jabbor aka negadir asabiylashib. Yutoqdi. Lekin ertalab sovgʻa daragidan yal-yal yashnagan qizining chehrasi koʻz oʻngida jonlanib, yana olgʻa yurdi.

«Yoʻq, buguncha ichmayman», deb pichirladi u qoʻllarini musht qilib.

Shu payt ichkilik doʻkonidan sirgʻalib ikki sayoq chiqdi. Ular Jabbor akaning hamshisha ogʻaynilaridan edi. Doʻstlarini koʻrdiyu negadir uning koʻngli ravshan tortib ketdi. Ichkilikboz ogʻaynilarining koʻziga koʻrinmay, ildam-ildam qochib qolishning oʻrniga, qadamlarini susaytirib, ularning koʻziga tushish uchun atay gʻimirlab yurdi.

«Doʻstlardan qochish yaxshimas», deb oʻyladi u oʻzini oʻzi aldab.

Nihoyat, orqadan tanish hushtak yangradi. Shusiz ham toqati toq boʻlib turgan Jabbor aka yalt etib oʻgirildi.

Ogʻaynilar yetib kelishdi.
— Bu deyman... Tomoqlar qurib bitibdi-yov, a, — deb pixilladi hamshishalardan biri Jabbor akaga qarata.
— Yur, biz bilan, — sirli im qoqdi ikkinchisi.

Jabbor aka botinmaygina mingʻirladi:
— Yoʻgʻ-e, ishim bor-da...

Ikki hamshisha baravariga xoxolashdi:
— Ha, endi, — dedi aroq qoʻltiqlagani, — xotindan qoʻrqqandan keyin qiyin-da.
— Hech kimdan qoʻrqmayman, — toʻngʻilladi Jabbor aka.

Koʻzlari shilpiq, taqamoʻylov doʻsti betoqat depsindi:
— Yurasanmi, yoʻqmi?

Jabbor aka bir choʻchib tushdi-da, beixtiyor ularga ergashdi.

Shundan keyin nima boʻldi, aniq-tiniq eslayolmaydi. Agar adashmasa, u boshi sal qizigach, odatdagiday saxiyligi tutib choʻntagidagi bor pulni oʻrtaga tashlagan, ogʻaynilaridan chaqqonrogʻi shartta olib yana doʻkonga yugurgan...

Jabbor aka titrab-qaqshab yoʻlak chekkasidagi yogʻoch oʻrindiqdan turdi. Koʻz oldi tinib ketdi.

«Hozir boraman-u, yertoʻlaga tushib oʻzimni oʻzim osaman. Bunday sharmandali hayot nima kerak? Qizginamning koʻziga qanday qarayman endi?» deb oʻyladi Jabbor aka entikib.

Shu payt koʻcha muyulishidan Zahro koʻrindi. Aftidan, u mayda-chuyda xaridlar uchun mahalla doʻkoniga chiqqandi.

Jabbor aka titrab ketdi. Beixtiyor daraxt panasiga yashirinmoqchi boʻldi. Biroq ulgurmadi.
— Dadajon!

Zahroning qoʻngʻiroqdek quvnoq ovozi uni yoʻlak oʻrtasiga mixlab qoʻydi.
— Dadajon, nega kech qoldingiz? — Zahro otasiga yaqinlashib unga xavotirlanib qaradi.

Jabbor akaning gʻijim, chang-gard yuqi tekkan ust-boshi hamma voqeani soʻzsiz aytib turardi.

Zahro jilmayib borib otasining pinjiga tiqildi.
— Ozgina ichibsiz-a, dada... — dedi u erkalanib. — Men uchun... tugʻilgan kunim uchun ichibsiz-a... Men sizni yaxshi koʻraman, dada...

Jabbor akaning oʻpkasi toʻlib ketdi. Beixtiyor qizining yelkasidan quchib, sochlaridan oʻpdi. Uning koʻzlaridan toshib, yonoqlariga oqayotgan yoshlari, quyoshning kechki shu’lalarida marjon shodalaridek yaltirar edi...