OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuratboy Nizanov
Asar nomiChiroq yonib turibdi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/Qoraqalpoq adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Muratboy Nizanov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMuzaffar Ahmedov (Qoraqalpoq tilidan)
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Chiroq yonib turibdi (hajviya)
Muratboy Nizanov

Yozuvchi Doʻstjon Muhamedovga soʻnggi yarim yilda ilhom kelmay hech narsa yoza olmay yurgan edi. Bir kuni yarim kechasi ilhom keldi-yu, ijod qilishga kirishdi.Oq qogʻozlar birin-ketin toʻlaverdi. Tizilishib kelayotgan soʻzlarni yozib ado qilishning oʻzi mushkul edi. Adib ham yozaverdi, yozaverdi. Xuddi shu paytda lip etib chiroq oʻchib qolganini qarang! Toshib turgan ilhomi ham birdan soʻndi-qoldi.

Doʻstjon Muhamedov ana kutdi, mana kutdi, oxiri boʻlmadi. Shamning yorugʻida telefon kitobchasini topib naqd GRES boshligʻining uyiga telefon qildi! Soat tungi uchlar chamasi edi...
— Alyo! Bu GRES boshligʻining uyimi?
— Ha.
— Uyingizda chiroq yonib turibdimi?
— Ha.
— Mening uyimda esa oʻchib qoldi.
— Navbati bilan oʻchirilgan boʻlishi mumkin. Sal kutib turing, yonib qolar.
— Lekin mening ilhomim sizning navbatingizni tan olmaydi-da. El yotgan payti ilhom kelib yozishga oʻtirgan edim. Men yozuvchi Doʻstjon Muhamedovman! Kelib-kelib men yozayotgan paytimda chiroq oʻchib qolganini qarang-a! Sizning uyingizda tong otguncha bekorchi chiroqlar yonib tursa-yu mening uyimda kerak paytda ham chiroq yonmasa, shuyam adolatdan-mi?

GRES boshligʻi Doʻstjon Muhamedovning turar joyini, telefon raqamlarini soʻrab oldida, kechiktirmay chiroq yoqtirib berishga va’da qildi.

Va’dasining ustidan chiqdi! Ammo, yozuvchining boyagi toshib turgan ilhomi endi yoʻq, tinib qolgan edi.

Ertasiga u oʻtgan oqshom chala qolgan uyqusining hissasini chiqarish uchun kun botmayoq uxlab qoldi. Shirin uyquda yotgan edi, telefonning chirillagan ovozi uygʻotib yubordi. Dastakni koʻtardiyu, soatiga qaradi — tungi uch.
— Alyo, yozuvchi Muhamedovning uyimi? — degan ovoz eshitildi dastakdan.
— Ha.
— Ilhom qalay? Yozayapsizmi u-bu narsa?
— Yomon emas, yozilayotir.
— Chiroq yonib turibdimi?
— Yonib turibdi.
— Men... Kecha siz telefon qilgan GRES boshligʻiman. Sizning uyingizda chiroqning oʻchmasligiga va’da berganimdan keyin oʻzim qoʻngʻiroq qilib qoʻyay deyapman...
— Rahmat!

Uyqu bir boʻlindimi, endi uxlash qiyin. Muhamedov xayolga berilib, yotib-yotib tong oqaray deganda, koʻzi ilindi. Ertasiga ishda esnay-esnay zoʻrgʻa yurdi.

Ikkinchi kuni tungi uchda telefon yana jiringladi. Avvaliga tush koʻrayotgandirman deb qimirlamay ancha yotdi. Yotdi-yotdi, telefon jiringlayverdi. Demak, oʻngi ekan.
— Yozuvchi Muhamedovning uyimi? — degan ovoz eshitildi dastakdan.
— Ha.
— Ilhom qalay?
— Yomon emas.
— Chiroq yonib turibdimi?
— Yonib turibdi.
— Men GRES boshligʻining oʻrinbosariman. Sizdan ahvol soʻrash, uyingizda chiroq oʻchib qolmasligi uchun koʻz-quloq boʻlib turish menga topshirilgan edi.
— Rahmat.

Uchinchi kuni tungi soat uchda yozuvchini xotini yulqilab-yulqilab uygʻotdi.

Telefonda soʻrashyapti!
— Kim? — dedi u garangsinib.
— Bilmayman.

Muhamedov gandiraklab borib dastakni koʻtardi.
— Yozuvchi Muhamedovmisiz?
— Ha... Nimaydi?
— Ilhom qalay?
— Yomon emas.
— Chiroq yonib turibdimi?
— Yonib turibdi.
— Men GRESning bosh muhandisiman. Sizdan ahvol soʻrash, chirogʻingizning oʻchgan-oʻchmaganligini bilish menga topshirilgan edi.
— Rahmat.

Toʻrtinchi kuni dastakni koʻtarayotib soatiga qaradi, uchdan ikki daqiqa oʻtgan ekan.
— Yozuvchi Muhamedovning uyimi?
— Ha.
— Ilhom qalay?
— Zoʻr!
— Chiroq yonib turibdimi?
— Porlab yonayapti!
— Men GRESning bosh mutaxassisiman. Sizdan ahvol soʻrab qoʻyish, chiroq oʻchib qolmasligi uchun ehtiyot boʻlib turish menga topshirilgan edi.
— Rahmat.

Beshinchi kuni u tungi uchgacha uxlamay, qoʻngʻiroq kutib oʻtirdi. Umidi puchga chiqmadi — telefon soat uchda jiringladi.
— Yozuvchi Muhamedovning uyimi?
— Ha.
— Ilhom qalay?
— Yomon emas.
— Chiroq...
— Yonib turibdi!
— Men GRESning yetakchi mutaxassisiman. Sizdan ahvol soʻrab qoʻyish hamda chiroq yonib turgan-turmaganligini...
— Rahmat, rahmat!

Oltinchi kuniyam telefon jiringladi. Muhamedov soʻroqni kutib turmasdanoq javobni toʻkib tashladi.
— Bu yozuvchi Muhamedovning uyi, men oʻziman, ilhom yomon emas, chiroq yonib turibdi. Xoʻsh yana qanaqa ma’lumotlar qiziqtiradi sizni?
— Shu yetarli. Sizdan ahvol soʻrab qoʻyish bugun menga topshirilgan edi. Men GRESning navbatchi ustasiman.

Yettinchi kuni yana shu ahvol. Muhamedov dastakni koʻtarar-koʻtarmas:
— Men Muhamedovman, oʻziman, ilhom yaxshi, chiroq yonib turibdi. Meni tinch qoʻyasizlarmi-yoʻqmi?
— Uzr, uzr, akajon. Men faqat topshiriqni bajaryapman, xolos. Menga sizdan ahvol soʻrab qoʻyish topshirilgan edi.
— Siz kim boʻlasiz?
— Men GRESning avariya holatlari boʻyicha muhandisiman.

Sakkizinchi kuni tungi soat uch boʻldi deganda, u endi dastakka qoʻl uzatgan edi, telefon jiringladi.
— Muhamedovning uyimi?
— Xuddi oʻzi. Men Muhamedovman, ilhom kelib turibdi, zoʻr! Chiroqlar yonib turibdi. Yana nima kerak?
— Hech narsa kerak emas. Sizdan ahvol soʻrash, uyingizda chiroq yonib turibdimi-yoʻqmi, shuni bilish bugun menga topshirilgan edi...
— Kim boʻlasiz, siz?
— Men GRESning navbatchi operatoriman.
— O, xudoga shukur, shu bilan tugaydimi bu mashmasha?..
— Bilmadim... Bizga shunaqa topshiriq berilgan.
— Biz deganingiz kim, nechtasizlar oʻzi?
— Biz deganim toʻqson olti operator, qirq sakkiz texnik xodim, ellik olti...
— Nima?..

Muhamedov shilq etib yiqildi...