OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMurod Mansur
Asar nomiJudolik diyori (1-kitob 1-qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Murod Mansur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Шарқ» Нашриёт-Матбаа Акциядорлик Компанияси - Бош Таҳририяти, Тошкент, 2007
Hajm342KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/15
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Жамоатчи муҳаррир: Нуруллоҳ Муҳаммад Рауфхон
Мусаввир: Хуршид Зиёхонов



iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Judolik diyori (1-kitob 1-qism)
Murod Mansur

«
Ushbu bitiklarimni volidam Karomxon Umarxoʻja qiziga
va mushkuldoshim Saidaga atadim.

Muallif
»

«Jondan aziz ukajonim, Maqsud, bu besh kunlik omonat dunyoni sizlarga tashlab keta turib, u ota yurtni, sizlarni, xolalarimu pochchalarimu togʻalarimni, bu dunyodan oʻtib ketgan barcha mahalladoshlarni esladim. Va Ulugʻxoʻjaboylar sulolasining umidli novdasi boʻlgan senga shu omonat gaplarimni qoldirgim keldi...

Maqsud, qoʻy, oʻzingni bos. Yigʻlama. Men senga armonlarimnimas, oʻz xato-yu gunohlarimni toʻkmoqdaman. Yolgʻiz Olloh va oʻzimgi-na biladigan gunohlarimni senga ishonib aytmoqdaman. Sen uzoqqa boradurgan yigitsan, tushunib olarsan, deb oʻylayman. Yurtimizda kimlar meni qaroqchi deb atar, kimlar soʻnggi bosmachi, deb tavqi la’nat tamgʻasini bosib ham qoʻygandir. Balki, ba’zilar birovning toʻyini buzib, nikohidagi ayolini olib qochgan nobakor deb bilar. Lekin men, Xudovandi Karimga ming qatla shukrlarki, u gunohi azimga botib ulgurmadim. Mening gunohim boshqa narsada: bu dunyoda har neki Ollohning izni-irodasisiz boʻlmasligini unutib, Bahriddin oshnamning qasosini olmaguncha qoʻymayman, deb qasam ichganim va shu niyat bilan bir bandaga bilib-bilmay zulm oʻtkazib qoʻyganimdir! Men sultonlar ham jur'at etolmaydigan bir jazoni inson bolasiga, Xudo qoʻshqoʻllab urib qoʻygan kimsaga ravo koʻrib, yomon adashibman. U asli beayb boʻlib chiqdi, Maqsud...»

Adib Murod Mansurning «Judolik diyori» asari ana shu tarix va kechmishlar haqida bahs etadi.

«
Allohning boʻyogʻini (lozim tuting).
Allohning boʻyogʻidan chiroyliroq boʻyoq
berguvchi kim bor?! Va biz unga ibodat
qiluvchilarmiz.

Qurʻoni karim, 2/138
»
SULTONMURODNING YOLGʻIZ OʻTINCHI
«
Ey inson... oʻz asling nimarsadur va ne yerdin kelibsan
va ne yerga borgungdur? Bu olam manzilgohiga nima
ishga kelibsan va seni nima uchun ofarida qilibdur?
Saodating ne ishdadur?..

Muhammad Gʻazzoliy
»

Birinchi boʻlim

Yodgor Na’matak (Muqaddima)

Hech kim koʻzi ochiq turib, bolaligi kechgan joylardan ayrilmasun ekan. Ayrilsayam, yodga soladigan biron narsa qolsin ekan u atroflarda.

Yodimda: jimjiloqday keladigan pichoqcham boʻlardi. Yoʻq-yoʻq, pakkicha emas, qalamtarosh ham emas, sadaf bandli mitti pichoqcha. Togʻam hadya qilgan edi. Kattalarnikidan farqi — qini yoʻq, xolos.

Kschalari yostigʻim tagiga qoʻyib yotardim. Koʻz ochishim bilan joyini paypaslab qolardim. Xuddi uyqudaligimda birov oʻmarib qoʻyganday(!).

Goho bolalarga koʻz-koʻz qilgani maktabga olib borib, qaytishda tushirib qoʻymayin, deb tarix kitobimning muqovasi orasiga yashirib yurardim. Bir kuni oʻsha pichoqcham... osmonga uchdimi, yerga kirdmmi, hech yerda yoʻq-da. Bir alam qiladi, bir alam qiladi. Zir yugurib, hammayoqning titi-pitisini chiqarvordim. Tokchadagi kirtaxning taglariyam qolmadi, kitoblarimning ichiyam. Yurgan yoʻllarimni necha qaytalab aylanib chiqdim, qani topilsa! Shunday alam qiladi, shunday alam qiladi! Goʻyo ichim yonib ketyapti.

Axiyri chidayolmadim: oʻzimni sandal chekkasiga otib, hoʻngrab yubordim.

Avval hoʻngrab-hoʻngrab, keyin kuyib-kuyib, soʻngida oʻksib-oʻksib, toza yigʻladim. Hech alami tarqamasdi, unutolmasdim pichoqchamni. Axiyri yigʻlay-yigʻlay, oyimlarning kelishlarini kutib, namozshomga yaqin uxlab qolibman.

Oʻsha yotishimda tush koʻribman. Jondan aziz pichoqcham tushimga kiribdi. Chiroyli moʻylov qoʻygan, qora qosh, qora koʻzli, uloqchilarday xushqad bir yigit: — Yo tavba, shunaqayam aniq-taniq koʻrinadimi?! — tepamda jilmayi-ib turibdi. Qoʻlida oʻsha sadaf bandli mitti pichoqcham....
— Shumi, bolakay? Yigit kishi doʻppisi bilan pichogʻini oldirmaydi. Ma, mahkam boʻl endi.

Pichogʻimni olayotib uygʻonib ketdim. Yigitning suvrati shunday koʻz oldimda turibdi. Qarindoshlarimizdan kimgadir juda-juda oʻxshab ketadi, quyib qoʻygandek-u, lekin kimligini hech eslay olmayman. Yo Xizr buva yigit suvratida koʻrindilarmikan?

Shundan keyin chindanam pichoqchamni topib oldim. Ertalab qarasam, sandal ustidagi katta gardin patnisimiz tagida turibdi. Birov atay shu yerga qoʻyib ketganday. Oʻzim juda yaxshi eslayman: pichoqchamni sadaf bandi qirilib qoladi, deb hech patnis tagiga yashirmas edim...

Oyim uzun kechalar qora chiroq yorugʻida mashina tikib oʻtirib, ba’zan Xudoning qahriga uchrab, yurtini yer yutgan, toʻfon turib suv bosgan, vulqon otilib kunpayakun boʻlib ketgan joylar, qavmlar haqida hikoya qilib qolsalar, men dahshatga tushib, mana-hozir oʻsha falokatlar yopirilib kelayotgandek sandal koʻrpasini boshimga tortardim-da, tancha ichiga kiriblar ketardim. Oyim esa, iliq jilmaygancha, yupatishga tushar edilar:
— Sen qoʻrqma, hali qiyomat qoʻpmaydi. Namoz oʻqiydigan bitta odam qolsayam, olamni yer yutmaydi. Oʻshaning sharofatidan Xudo oʻzi asraydi, — derdilar.

Va ertalablari tanlarga va ruhlarga huzurbaxsh etuvchi yoqimli ovozdan — oyim qur'on tilovat qilayotgan boʻlsalar — uygʻonib ketib, qiroatning xush ohangidan erib yotarkanman, oʻzimga-oʻzim taskin berardim:
— Yaxshiyam oyim borlar, qiyomat qoʻpmaydi... Ammo oradan koʻ-oʻp yillar oʻtib, bir kuni — Oʻrigimiz shoxlari rosa yashillikka burkalib, dovuchchalari tishga tegay degan kezda yer ostidan bir ofat guldirab keldiyu hammaning tinchini oʻgʻirladi-qoʻydi: ming yildan beri oʻtirib kelgan yerimizdan ayrildik-qoldik. Uylarimiz silkindi, u yer-bu yerining suvogʻi koʻchdi, sinchlari ochilib qoldi, hech kimni tom bosmadi. Taxmonlar oʻrnida, tokcha ham tashlab yubormadi. Ammo shu ofat bahona boʻldiyu hamma koʻchirmaga tushdi. Bogʻlarimizu soylarimizni shahar yutdi, oʻrnida doʻmlar qoʻziqorinday potrab chiqa boshladi. Kindik qonimiz toʻkilgan, necha pusht otalarimiz oʻtgan u diyordan hech vaqo qolmadi. Tuproq oʻsha-oʻsha, makon oʻsha edi-yu, lekin endi u diyor yoʻq edi. Uni yodga soladigan bir oʻr yo qir, bir soy yo jilgʻa, bir qoʻrgʻon yo hovli qolmagandi...

Yillar keyin shu doʻmlardan biriga koʻchib kelgan oshnam nevarasiga aqiqa qilib beradigan boʻldiyu kechqurun savzi toʻgʻrarga bordik.

Bir-biriga qalashtirib qurib tashlangan bu toshqoʻrgʻonlar orasidagi «hovli»da, pala-partish oʻris daraxtlar ostida joy hozirlarkanmiz, qay biridandir taralayotgan tanish boʻydan biir huzurlandik. Shunda oshnam:
— Bay-bay-bay, jiyda gulining hididanam oʻtkir-a! Qarang, bir chaqirimdan gurkirab kelib turibdi,— dedi.

Meni xoʻrsiniq bosdi.
— Ho-ov,.. jiyda gulining hidi qayoqdayu bu qayoq-da!.. Bu doʻmlarning ostida qolib ketgan bogʻlarni koʻrmagansiz-da...
— Shoshmang-shoshmang, chindanam shu yerda hovuz boʻlguchi edi, gir atrofidan har bahor bir chiroyli safsar gullar oʻsib chiqadigan. Keyin axlat bilan toʻlib ketib edi. Hozir pastak oʻrni qolgan, qarang.
— Rostdanam... — Men oʻziyu gir aylanasi sal choʻkib, bir paytlar hovuz boʻlganidan darak berib turgan joyga yutoqib tikildim. Va, kimning hovuzi ekan, deb eslashga urindim. Shu alfoz... bu «choʻkma» hovuz chetida choʻkirtak toʻnkasidan gurkirab oʻsib chiqib, yakkam-dukkam gullashga ulgurgan na’matakka koʻzim tushdi. Gulkosalari yirik-yirik, gulbarglari boʻliq-boʻliq, tiniq-tiniq, nafarmon edi u.

Hayratda qoldim. Shu na’matak xotiramni jonlantirib yuborganday edi. Ha, ha, hovuzning bir tomonida supacha boʻlardi. Supa chetida esa bir tup na’matak oʻsaru gullagan kezlari Izzadan esgan sal shabadadan ham hovuz yuzini na’matak gulbarglari tutib ketar edi.

Oʻsha manzara xayolimda qayta jonlanib, ular hovuz suvining yengil mavjlarida xuddi nimpushti yelkanli qayiqchalarday, u tomondan bu tomonga suzib borib-suzib kela boshladilar... Xuddi oʻsha vaqtdagiday...

Esladim! Topdim! Bu oʻsha xolamgilarning bogʻi-mizga tutash tashlandiq hovuzlari edi. Gir atrofini baland-baland safsar gullar tutib yotguvchi, koʻklam kelishi-la bir yonini egallagan yolgʻiz na’matak nafarmon-nafarmon gullab, tinmagur qurbaqalar allamahalga dovur vaqir-vuqur bazmlar qurguvchi hovuz.

Undan u yogʻi eski anhor oʻtgan chakalakzoru xaroba qoʻrgʻon — tomlari valangor, devorlari qor-yomgʻirlarda nurab yotgan — biz peshinlarda berkinmachoq oʻynab charchamaguvchi bir joy edi.

Endi bilsam, bu diyorning tanazzuli xuddi oʻsha kezdan, yolgʻiz na’matakli bu hovuzning egasiz qolishi, bogʻlarida binafshalar ochilib, maymunjonlar gʻarq pishib yotadigan bu qoʻrgʻonning xarobaga aylanishidan, xolavachchalarimning har yoqqa tirqirab ketib, bevatan qolishlaridan boshlangan ekan!

Bu yetim na’matak endi oʻsha biz koʻz ochib koʻrgan diyordan bir ma’yus xotiraday, tirik ertak guli misoli, u safoli va baloli kunlardan bir yodgor boʻlib, doʻmlar oʻrtasida oʻz holicha oʻsib, oʻz holicha gullab yotar edi...

Oydinda Uchgan Turnalar

Yarim kechamidi, bir uygʻonsam, qovugʻim toʻlib, sim-sim achishib ketyapti. Ammo hech koʻzimni ochgim yoʻq, shunaqa shirin uyquda ekanman! Qovoqlarim qumga toʻlganday, kipriklarimni birov shirachlab tashlaganday. Shu yotishimda qulogʻimga bir ajib qur-qurlagan tovushlar kiradi. Bu tovush-nagʻmalar tomimiz tepasidan kelyaptimi yo bogʻ tomondanmi — bilolmayman. Turnalar shekilli? Boyaqishlar shunaqa kech qolib ketishibdimi? Unday desam... buncha yaqindan kelmoqda bu ovozlar? Xuddi ustimda gʻujgʻon oʻynashayotgan kabi?..

Amal-taqal qilib koʻzimni ochib oldim. Shirach yuvildi, qum aridi goʻyo. Shundagina koʻrdim: deraza tagida yotgan ekanman, ustimga kelib qolgan toʻlin oy — koʻkning yolgʻiz kelinchagi derazaning tepa koʻzidan moʻralab turibdi.

Bogʻ tomondan boyagi qur-qurlar, noma’lum qushlarning sirli chugʻur-chugʻurlari eshitiladi. Goʻyo turnalar tungi olis uchishidan toliqib, bir zumga yoni-mizdagi hovuz boʻyiga qoʻnganu bir-birlariga yoʻlda koʻrganlarini hovliqa-hovliqa soʻylab berayotganday.

Dik etib tura, hovliga chiqdim. Beixtiyor oyogʻim bogʻ eshikka tomon tortdi. Tashqari — butun olam sutdek oydinga choʻmilib yotibdi: ishkomlaru devor sarxoklarigacha allatovur koʻrinadi.

Tambani olib, eshikni ochdimu ostonada lol qoldim. Hali-hanuz anglab yetolmaymanki, tushimmidi yo oʻngim? Bir talay ajib qushlar oy nurlarini emib yotgan xaroba qoʻrgʻon tepasidan pastlab kelib, oydanda oq — jujun qanotlarini yoyganicha hovuz boʻyiga qoʻnishar, qaybirlari «qur-ey, qur-ey»lab suvga talpinishar, suvga qongan qaybirlari esa, juft-juft boʻlib, hovuz atrofida raqsga tushishar, oʻz tillarida bir-birlariga roz aytib, nagʻmalar chalishar edi.

Har koʻklam va har kuzda osmoni falakdan argʻamchi solib oʻtguvchi, «qur-ey, qur-ey»lari biz bolalarni dalalarga yo tomlarga chorlaguvchi bu qushlarni hozir men juda yaqindan, ellik qadam beridan koʻrib turardim, ularning xuddi tushdagiday, oydinda uchib-qoʻpishlaridan hayratda edim. Ular shunday ovloqlarni xush koʻrishadi. Ilgarilari Qoʻshilish ga qoʻnib, Boʻzsuv boʻylarida suvlab quvnagan boʻlsalar, bugun xolamgilarning tashlandiq qoʻrgʻoniga oralabdilar. Yoʻldan adashdilarmi yo kimsasiz hovuz oydinda koʻzlariga xarobalar orasiga tushib qolgan dumaloq koʻzgu boʻlib koʻrinib, oʻzlarini oynakka solgilari kelib, bu yerga qoʻndilarmi? Manzara chindanam gʻaroyib edi.

Balki men hamon tush koʻrayotgandirman?..

Yoʻq, bu ovloq, bu xaroba qoʻrgʻonning shunaqa jozibasi ham bor: ayniqsa na’matak gullaganda, safsar gullar ochilganda biz bolalaru qizlar shu yerga tanda qurib olamiz. Anuv qarovsiz bogʻ ortida hali qoʻziqorinlar potrab, maymunjonlar ham pishib bersin-chi!..

Balki bular turna ham emasdir? (Axir bundayin jujunqanot turnalarni kim koʻribdi? Ovozini demasa, nimasi oʻxshaydi?) Balki bir nimalar meni yotgan yerimdan avrab olib chiqib... Va oʻzlari qush boʻlib koʻrinib...

Sovuqdanmi, boshqadanmi junjikib, bogʻ eshikni sekingina yopdimu tambani bosa, uyga chopdim. Oʻrnimga kirasolib, koʻrpani boshga tortarkanman, taxmon tomondan oyimning ovozlari keldi:
— Ha, Maqsudxoʻja, uyqusiradingmi?
— Yoʻq, oyi, oʻzim, — dedim uyalib.
— Hayallab qolding?

Xayriyat, tutnim ham, ajinalar ham emaskan. Oyim sezib yotgan ekanlar. Oʻzimga kelib, koʻrganlarimni aytishga oshiqdim. Boshimdan koʻrpani otib tashlab, azza-bazza oʻtirib oldim.
— Oyi-chi, oyi, xolamgilarning qoʻrgʻonida nimalarni koʻrdim, aytaymi?
— Nimani koʻrding?
— Allaqanday katta-katta, gʻalati qushlar uchib yuribdi. Turnaga oʻxshaydi, lekin oq, kulrang, yashil — har xil. Hovuz boʻyida gʻujgʻon oʻynab yotibdi. Rosa zoʻr sayrayaptida oʻziyam.
— La havla va la quvvata... «Subhonolloh», de, bolam.
— Aytdim, oyi...
— Yana ayt-da, yot, uxla. Koʻzingga koʻrinishibdi...
— Nima, oyi? — dedim hayratga tushib.
— Boyaqishlar, — deb pichirladilar oyim.
— Kim, oyi? Kim koʻzimga koʻrinibdi?

Axir, oʻzim koʻrdim-ku! Rostdanam u qushlar uzoq yurtlardan uchib kelaturib qoʻngan turnalardi.

Oyim chuqur tin olib, xoʻrsindilar. Ovozlari ham qaltirab chiqdi.
— Xudo rahmat qilgan boʻlsin hammalarini. Chirqirab yuribdi ekan haliyam boyaqishlarning ruhlari.

Men hayron qoldim.
— Nega unaqa deysiz, oyi?
— Boyaqish xolangni, Abdurahim eshon pochchani aytaman-da. Shunday xonadon... tariqday sochilib ketdi-ya, xonavayron etdilar-a! — Oyim oʻrnilaridan turib oʻtirib, roʻmollarini oʻrashga tutindilar. — Xudoyim oʻzi bilib-koʻrib turgandir? Qasd qilganlarni qoldirmas bunday!

Oyim azza-bazza roʻmollarining uchini mijjalariga bosdilar. Ovozlari yana qaltirab chiqdi.

Darvoqe, oʻzi nima boʻlgan? Shu qoʻrgʻon haqida gap ochildi deguncha koʻzlari yoshlanib, ovozlari oʻzgarib kelaveradi. Rahmatli xolang, rahmatli Abdurahim eshon pochcha, deydilar-u, u yogʻini aytolmaydilar. Biz esimizni tanibmizki, bu uylarning tomi ochiq, paxsa devorlari qor-yomgʻirlarda nurab yotadi. Shuncha yilning badalida bu yerga hech kim koʻchib ham kelmadi, tomlarini tiklashga urinmadi ham. Qargʻish tekkanday, soʻppayib yotadi. Hovuzga ham suv kirib-chiqib turadi-yu, lekin bizdan boʻlak hech kim ichmaydi.

«Oyi-i, ular qayoqqa ketishgan, nimaga qaytishmaydi?» deb soʻragim keldi-yu, jur'at eta olmadim. Oyim oʻz yumushlari bilan chiqib borardilar.

Ha, oyimlarga ham osonmas. Yarim kechagacha qora chiroqda ish tikib, moshinachilik qiladilar. Bomdodni oʻqiboq sigir sogʻadilar. Kechqurun sogʻilganini dokada suzib, ikkita idishni toʻldiradilar-da, paranjini qiyshiq yopinib, Choʻlponotaning sut bozoriga yoʻl oladilar. Qaytishda roʻzgʻorga bozor-oʻchar qilib keladilar. Ungacha kun ham yoyilib ketadi. Keyin dalaga qarab chopadilar. Tushgacha bir qop, tushdan keyin bir qop dagirga oʻt olib kelmasalar, boshqa hech vaqo yoʻq. Kunimiz shu sigirga qolgan. Maktabdan kelgunimcha, u koʻchamizdagi tol tagida «roʻza tutib» yotadi. Tushdan keyin men bitta kitobni qoʻltigʻimga qisib, Izzaga oʻtlatgani olib ketaman. Choʻmilib, baliq tutib, chimzorlarda gurpaklashib umrimiz oʻtadi. Zeriksam, tolning soyasiga oʻtib, chimzorga choʻzilaman-da, pagʻa-pagʻa bulutlarning ming shaklga kirishiyu soʻfitoʻrgʻaylarning chugʻurlashiga mahliyo boʻlib, soatlab koʻkka tikilib yotaman...

Bunday qarasam, oy allaqachon derazamiz koʻzidan oʻtib havolab ketibdi. Endi bir parcha nuri taxmon tomonga choʻzala tushib turardi. Boyagi ovozlarni qoʻmsab, tashqariga quloq tutdim. Ammo bu safar nimagadir qurildoqlar ovozidan boʻlak hech tovush eshitilmadi.

Boyagi qushlar nima boʻldi ekan? Oyim «koʻzingga koʻrinishibdi-da» deb nimani, kimni nazarda tutdilarkin? Shu xayollar ogʻushida ekanman, totli bir uyqu eltib kelib, sekin oʻrnimga choʻzildim va oʻzim sezib-sezmay xayoliy olamlarga suzib kirib ketdim.

Jala Yoʻlida Qolgan Qoʻrgʻon

Hech qancha uxlamadim. Bir mahal tom tepasida nimadir qasirlab ketdi. Osmon qoq ikkiga boʻlinib uzilib tushayotganday, jon-ponim chiqib, turib oʻtirib olibman.

Boyagi charaqlagan oydindan asar ham yoʻq. Uyni zulmat bosib, hech narsani koʻrib boʻlmaydi. Oyim qani ekanlar?

Paypaslanib, taxmon tomon surildim. Yoʻq, oyim oʻrinlarini yigʻishtirib, allaqachon joʻnab ketib boʻptilar. Dahlizda sut idishlar ham koʻrinmaydi. Togʻorachalar tagi gʻira-shira oqaribgina turibdi. Qoʻrqa-pisa derazamizdan tashqariga moʻraladim. Osmon qorayib, shunday pastlab tushibdiki, naq boʻgʻotimizga tiralib qolganday. Soʻritok yogʻochlari ham arang koʻzga chalinadi. Zulumot shunchalik.

Shu mahal koʻkda chaqmoq ildiz otib, olam bir lahza titroq yogʻdu ichida qoldiyu boyagidan battar momaqaldiroq turdi.

Chopib ostonaga chiqib olibman. Yuzlarimga namchil havo epkini urilib, yomgʻir hidi anqib ketdi. Orqasidan shatir-shutur bilan oʻzi ham yetib keldi, birpasda olatasir jala quyib yubordi.

Yo tavba, shuncha bulut qaerda turganakanu havoyi jahon qachon aynib ulgura qoldi?! Oyijonim nahot sezmadilar? Yo sezsalar ham, tavakkal joʻnab yuboraverdilarmi? Birpasgina sabr qilsalar-ku...

Momaqaldiroq endi Yakkabogʻ tepasida, naq xolamgilar tashlab ketgan qoʻrgʻon ustida gumburladi. Osmonda bir-birlari bilan tosh otishib «oʻynashayotgan» chol-kampir bizdan uzoqlashib borar, bu yoqda endi jala avjiga minar edi. U tomga urilib takirlar, tarnovlardan vahimasi bilan bir ariq suv sharillab tushar, hovli betini qoplagan yomgʻir yuzida pufakchalar bodrab chiqar edi.

Bunga sari men ostonada tipirchilab turibman. Axiyri boshimga bir qopchiqni tashlab, boʻynimni qisgancha, zariljoyga yugura ketdim. Qaytib kelgunimcha hamma yogʻim shalabbo boʻldi. Artinib-surtinib, oʻrnimni yigʻishtirishga tutindim.

Bu orada havo yorishib, zulmat qayoqqadir chekindi. Ancha-muncha suvini toʻkib olgan bulutlar boyagidan koʻtarilib oqarishganday edi. Momaqaldiroq ham endi Kattabogʻ, Tuvak tomonlarga koʻchgan, ovozi borgan sari boʻgʻiqlashib-uzoqlashib borar, jalaning kuchi qirqilib, tom ilgarigiday takirlamas, tarnovdan kelayotgan suv endi ancha beriga tushar edi.

Hozir jala togʻalarimning mahallasi Kattabogʻga yetib borib, hamma olatasirni oʻsha yoqda qilmoqda. Yaxshiyam yoʻlini oʻzgartirib oʻsha yoqqa yurdi. Choʻlpon-ota ga qarab bosib borsa, oyim va boshqa bozorchilar iima qilishar edi?

Men sal boʻlsa-da, taskin topib, uy yuzini yigʻishtirishga tushdim. Togʻorachalarning ustini patnis bilan yopib, deraza tavaqalarini ochib yubordim-da, uyni supura boshladim.

To ishlarni bir yoqli qilgunimcha, Choʻlponota tepasida bulut chokidan yorilib, osmon moviy daryoday ochildi. Soʻng uzoqdan kun tojday yarqirab chiqdiyu bu yoqda yomgʻir ham tinaqoldi. Ora-chora huvillab, kurtak oygan daraxtlarni silkitib, marjon-marjon tomchilarni duvva-duvva toʻkayotgan shamol allaqayoqlardan bodroq isiday toza, xushbuy isni dimoqqa keltirib urardi. Men bunaqa vaqtlarda kuragimdan qanot chiqarib, tozarib borayotgan koʻkka uchgim, dalayu kengliklarga chiqib ketgim kelaveradi. Balki haligi momaqaldiroqdan keyin ishkomlar orasiyu yolgʻiz biz biladigan joylarda qoʻziqorinlar potrab chiqqandir? Vir doʻppi-bir doʻppi qilib terib olganga, olovga tutib kabob qilib yeganga nima yetsin. Eh! Aliakbarni chaqirib, maktab vaqtigacha oʻtib kelsakmi edi!

Men koʻchaning narigi betidagi tepalikka solingan, gir aylanasi tuproq tomli (bahor keldi deguncha biz ustida varrak uchirib charchamaydigan) qoʻrgʻonga qarab chopdim. Shuncha jala quygani bilan tuproq koʻchaga goʻyo «jin ham urmagan» edi. Yakkam-dukkam koʻlmaklarni demasa, namini shabada koʻtarib ketib, selgib ulguribdi. Aliakbarlarning eshigi oldidagi azim yongʻoq nosrang kuchala chiqarib yuboribdi. Tagi bilan bitta «zuluklari»... Tom orqasidagi qator olchalar xumchalab yotibdi. Har xumchasida bir tomchidan yomgʻir-zirak, qilt etgan shabadaga ham duv-duv toʻkiladi. Aliakbarni hovlisida koʻriboq qistadim:
— Yur, oʻtib kelamiz?
— Qayoqqa? Maktab-chi?
— Boʻl, ulguramiz. Xolamgilarning qoʻrgʻonidan oʻtgan eski ariqni bilasan-ku. Har yili potrab chiqadi.
— Qoʻziqorinlarmi? Shoshma, men hozir.

U tezda yagʻir doʻppisini boshiga ilib chiqdi va biz Yakkabogʻ tomonga qarab, shipillab ketdik. Necha qishu koʻklamlarning qor-yomgʻirlarini koʻraverib, uchinchi paxsasi yemirilib boʻlayozgan qoʻrgʻon xarobalari va unga koʻtarilaverishdagi yolgʻiz shaftoli uzoqdanoq mana men, deb koʻzga tashlanib turardi shu choqda.

Yo tavba! Xaroba tagida mungʻayibgina oʻsgan shaftoli shu qadar qiygʻos gullabdiki, goʻshangadan chiqqan kelinchak deysiz!

Men uni qachondir, yana qaerdadir koʻrganday, yuragim gup-gup urib, toʻxtab qoldim va Aliakbarni qistadim:
— Uni qara, uni! Turishini qara! Aliakbar ham besh ketib toʻxtadi:
— Oʻ! Rosa ochilibdi-ku! — Keyin achinib qoʻshib qoʻydi: — Shunday qoʻrgʻon... xolavachchalaringga buyurmaganini qara.
— E, nimasini aytasan!.. (Boyoʻgʻlixona boʻlib yotishi... kimlarga kerak ekan?!)

Oftob valangor uylaru qoʻrgʻon devorlarini, har butayu har maysani oʻpib, yoyilib kela boshladi. Qushlar ham salomga chiqishdi. Uchib-qoʻnib, chagʻir-chugʻur bilan bozor qila boshlashdi. Ana, sassiqpopishak «ku-ku-pish»lab ola qanotlarini yoyganicha, yonginamdan havolab oʻtdi. Qaerdadir mayna qiqirlab, sa’va sayrashga tushdi. Bedana patpaloqlab, sanogʻini sakkizga yetkazib toʻxtadi, lekin quloqlarim ostida hamon sayrayotganga oʻxshar edi. Xuddi olam qushlari shu yerga yigʻilgan kabi, bir-birlariga navbat bergilari kelmasdi.

Aliakbar yengimdan tortib qistadi:
— Chopdik, kech qolamiz.

«Ana aytmovdimmi, vuy, buni qara»lab ariqning u betidan-bu betiga sakraymiz. Bulturgi xazonlar tagidan vij-vij chiqqan qoʻziqorinlarni avval bittalab, keyin tanlab tera ketamiz:
— Onaboshilarini ol, onaboshilarini! Maktabdan qaytgunimizcha bolachalari ham mush-mushakon boʻpqoladi, koʻrasan. Ustiga xazon tashla, xazon! — deb bilagʻonlik qiladi Aliakbar. Men esam doʻppim toʻlib, yangi topganlarimni qoʻynimga tiqishtiraman.

Alhol, terib tugatolmasligimizga koʻzimiz yetib, qaytdik. Kelsam, oyim sut idishlarini chayib, bir chekkaga toʻnkarib qoʻyayotgan ekanlar. Meni koʻrib yuzlari yorishdi:
— Qaerga yoʻqolding, desam, shuni izlab ketuvmiding?
— Aliakbarminan xolamgilarning qoʻrgʻonlariga oʻtdik. Shunaqa koʻp chiqibdiki...
— Osh boʻlsin, bolam, osh boʻlsin. Erta turganga shunaqa halolidan yetkazadi, Xudoyim. Qaniy? — Oyim bir donasini qoʻllariga olib, hidlab koʻrdilar-da, oʻpib koʻzlariga surtdilar. — Omonliq-somonliq, shu kunlarga yetkazganiga shukr. — Qaytarib doʻppimga soldilar. — Oshxonaga kiritib qoʻy, kechka qovurib beraman. Vor, endi, choyingni ichu yugur, maktabingdan kech qolma.
— Xoʻp boʻladi, oyijon.

Qaymoqqa nonni bulab, paqqos tushirib oldim-da, yelkaga jildni osib, maktabga zingʻilladim. Xayolimdan esa, boyagi manzara — xarobazordan chiqib kelin-salom qilib turgandek, qiygʻos gullagan bir tup shaftoli(!) hech ketmaydi. Uning nimpushti gullarini, salomga egilgan shoxini xuddi birov miyamga chizib qoʻygandek. Yana qaerda koʻrgan ekanman bunaqa chiroyli narsani?..

Hali oftob yoyilib ketsin, asalarilar ustida gʻujgʻon oʻynasin, oʻshanda tagidagi maysazorga choʻzilib, ularning bir maromda gʻoʻngʻillashiga quloq bersang bormi, eh!..

Xarobasi shunchalik goʻzal, obodligida qanday boʻlgan ekan bu qoʻrgʻon?!.

Asol Xolamning Bilakuzugi

Ertalabki qoʻziqorinni jindek kartoshka bilan qovurib-dimlagan ekanlar, bir antiqa, ilikdek ovqat boʻpti. Non bilan paqqos tushirib, ogʻzimda qolgan mazasiga besh ketib oʻtirib edim, oyim koʻz taglari bilan iljayibgina qarab qoʻydilar.
— Toʻydingmi, bolam?

Bildimki, kimgadir ilinib ozgina opqoʻyganlar, bormi desam, opkelishdan ham toymaydilar. Yegim kelib turgan boʻlsa ham, sezdirmadim.
— Toʻyganda qandoq! Asal boʻb ketipti ovqatiz, oyi! — dedim maqtab.

Dasturxonni yigʻishtira boshladilar.
— Unday boʻlsa, otlan, uzoq kecha — Asol xolangni koʻrib kelamiz, haqingga bir duo qilib yesinlar. Yolgʻiz odam, savob boʻlar.

Men hayron boʻldim.
— Kelinlari-chi, oyi?..

Oyim ha deganda javob qilavermay, qora chiroqni koʻtarib, oshxonaga yoʻl oldilar.
— Bugun koʻchini ortib ketishdi...
— Iy-y! Margʻu kennoyimni-ya? — Men garangsib qoldim.
— Ha, bolam, peshonasiga sigʻmagan ekan bu uy, bu qoʻrgʻonlar. Qizil paranjida kelib, oʻsha paranjisida ketdi, boyaqishgina...

Men tushunmadim bunga. Lekin birdan lop etib, xuddi birov oltin hal bilan chizib qoʻygandek ertalabki manzara xotirimga keldi. Koʻz oldimda salomga egilgan kelindek boʻlib, oʻsha bir tup (qiygʻos gullagan) shaftoli turardi. Topdim! Men uni ilgari ham koʻrganman! Asol xolamnikiga toʻydan keyin birinchi borganimizda koʻrganman. Shunda u boshiga shaftoli gulli uzu-un simroʻmolmi, toʻr roʻmolmi tashlab chiqqan. Avval oyimlarga, soʻng menga bir chiroyli salom qilganida xiyla vaqtgacha esim ogʻib turib qolgan edim. Topdim! Shunda koʻrganman! Piyolani uch barmogʻining uchiga qoʻndirib choy uzatarkan, shirin jilmayib: «Oling, qaynim-qaynijonim, dasturxonga qarangla», deya qistagan edi. Mening birdan erib ketganlarim — hamma-hammasi qayta-boshdan yodimga tushdi. Rostdanam tili bir gʻalati shirin, allaqayoqli kelinlarnikiday edi, ovozi bir alomat, quloqqa moyday yoqardi. Oʻzidan-chi, oʻzidan bir yoqimli iforlar gurkirab, ado boʻlmasmi edi-ey. Keyin erkalab bagʻriga tortib qoʻyganida-chi, boshim gir aylanib, ne hollarga tushmovdim? Hali-hali oʻsha atir hidlarini qoʻmsab qolishlarim, oʻzini koʻrgim kelishlari-chi!

Shu kelinoyim bizni tashlab ketibdimi?
— Endi xolam bir oʻzlari qoldilarmi? — dedim achinib.
— Qandoq qilsinlar, bolam. Avval pochchani olib ketishuvdi. Keyin bu balo qaerda turganakan, bir kechada gungursday oʻgʻildan judo boʻldilar. Mana, endi kelin ham ketdi.
— Turaversa boʻlmasmidi, oyi?

Koʻz oldimdan pakanagina, buning ustiga, bir qoʻllarini bellariga tashlab, zoʻrgʻa enkayib yuradigan loʻlibashara Asol xolam oʻtdilar. Xolam nikoh kechasi oʻgʻillari yoʻqolganidan beri yanayam bir burda tortib qoldilar. Uzzukun darvoza oddidagi qari qoratol tagida hali javrab, hali yigʻlab-siqtab, yoʻl qarab oʻtirganlari-oʻtirgan. Biz, maktab bolalar hayiqibgina koʻchaning narigi betidan jim-jim oʻtib ketamiz.

Oyim chuqur tin oldilar:
— Uyam birovning qizi, bolam.

Men tushuna olmadim. Birovning qizi boʻlsa, shunday hayhotday xonadonda qari odamni yolgʻiz tashlab... ketaveradimi?

Nihoyat, chiroqni pastlatib qoʻyib, tovoqdagi tomoqni sochiqqa oʻradik-da, eshikka tambani solib, ona-bola yoʻlga tushdik.

Qushlar yotoq-yotogʻiga kirib ketib, quruldoqlarga navbat tekkan. Binafshami, bodroqmi hidini atrofga socha-socha yumshoq bahor shabadasi oʻynoqlab yuribdi. Yuz-koʻzingdan oʻrgilib, ipakday mayin «qoʻllari bilan» asta silab-siypasa, olamda yoʻq bir rohat sezasan. Tepadagi yongʻoqzor tomonda haqqush «quv-quv»laydi. Haybat akamlarning eshigi roʻparasidagi yalangʻoch sadadan pastlab uchgan boyoʻgʻli koʻchaning narigi betidan qoʻrgʻon orqasiga singib ketdi. Xolamgilarning eski hovuzida qurbaqalar bazmi avjga minib, biri olib-biri qoʻyib, shunaqa vaqir-vuqurlab yotishibdiki, tomoshaga kelgan ajinayu qulochkashlar ham ularning qiligʻidan qiqir-qiqir kulishayotganga oʻxshaydi.

Yakkabogʻ tomondan yarim palla qovoqday kemtik oy chiqib kelyapti. Shabada oʻynoqlab oʻtib, tolbargaklar hidini dimogʻimga uradi. Biz yarmi kesilib, yarmi kesilmay qolgan tollar tagidan — chiviqlari yigʻishtirib olib ulgurilmagan yoʻldan turtinib-surtinib oʻtib, Asol xolamning darvozalariga yetamiz. Bir vaqtlar karvonsaroylarnikidek katta qilib qurilgan bu darvoza, mana, necha yiddirki, yopilmaydi. Nega deganda yopsa ochilmas, ochsa yopilmas boʻlib, tob tashlab qolgan. Tuzatib qoʻyadigan mard yoʻq. Toʻyda bir tuzatilganday boʻluvdi. Keyin bir muddat yopib yurilib, yana tob tashlab qiyshaydi. Endi kelin ham ketib, valangor yotibdi. Xolam qarigan chogʻlarida shu kunlar ham bor ekan-mi?

Katta koʻchaning yoqasiga tushgan boloxonali uzun uy, pasti ishkomlarga tutashib ketgan ochiq hovli zi-mistonki, yutaman deydi. Hovlidagi bukri kampirlardek besh-olti tup behilarni demasa, ishkomlargacha qaqqaygan hech vaqo yoʻq. Shundanmi yo vaqt xufton boʻlib qolganigami, hammayoq huvillab yotibdi. (Ertasiga koʻrdim: ishkom boshida yolgʻiz bir tup shaftoli qiygʻos gullab chiqibdi. U boshiga shaftoli gulli uzun simroʻmol tashlagan ana oʻsha kelin kabi bir chiroyli salom qilib turar, xaroba qoʻrgʻon oldida koʻrganimga juda-juda oʻxshab ketardi. Balki oʻshadir, oʻsha kelib olgandir?..)

Ammo muyilishga yetgan joyimizda eng chekkadagi uy derazasi yonida yoʻq yerdan odam qorasi paydo boʻlib, lip etdiyu koʻzdan yoʻqoldi.

Nima balo, Qulochkash ekanmi? Devorga qapishib turgan boʻlsa, bizni koʻrib, qochib qoldimi?

Unday desam, Asol xolamnikida Qulochkashga nima bor? Oʻzlari yolgʻizlar-ku.

Shu mahal ichkaridan xolamning tashvishli qaqshagan ovozlari eshitildi:
— Voy-hoy, kimsan? Nima qilyapsan?

Yuragim shuv sidirilib, oyimlarning yenglaridan tortqiladim:
— Oyi-oyi, eshityapsizmi, oʻgʻri yuribdi.
— Oʻgʻri nima qiladi, bolam? Xolang oʻzi shunaqaroq boʻp qolganlar.

Menga taskin beryaptilar desam, shu vaqt chindanam xolamning bir gʻalati suyingan ovozlari yangrab, kechani tilib oʻtdi:
— Voy-hoy, odamle-er, eshitmadim demangle-er! Bahriddinginam qaytde-e! Koʻzimning oqu qorasi qayt-de-e!

Oyim ogʻir xoʻrsindilar:
— Bemahal kepmiz, bolam...

Ammo suyinib, bir yerga yetib turgan xolam, birdan ovozlari oʻzgarib, hirqirab qoldilar:
— Yoʻqotgan... yoʻq-otgan, voy-hoy, nima qivotsan? Kimsan oʻzing, baloginaga yoʻliqqur!..
— Ana, aytmadimmi, oyi?!

Boshimni silab turgan oyimning qoʻllari ham qaltirab ketdi. Qadamlarini tezlatdilar:
— Chindanam, ichkarida birov bor shekilli?.. Lekin zinaga chiqib ulgurmagan ham edik, katta deraza taraqlab ochilib, birov bor boʻyicha oʻzini hovliga otdiyu oyogʻi yerga tegar-tegmas jon-jahdi bilan ishkom tomonga qocha boshladi. Orqasidan Asol xolamning alamli qargʻishlari yangradi:
— Baloginaga yoʻliqsang boʻlmasme, Sultonmuro-od! Kelib-kelib men gʻaribni tunaysanmi-e?!

Koʻrib turibman: oyim taxta boʻlib qoldilar. Keyin uyga chopib kirib, derazani taqa-taq yopdilar-da, xolamni urisha ketdilar:
— Hoy, opa! Esingizni yeb qoʻydingizmi? Oʻchiring uningizni! «Sultonmurod»lashingiz nimasi?! Hozirgina nima deyatuvdingiz?

Hali buzilmagan tanchaning yonidan turib ulgurmagan xolam sandalni mushtlay-mushtlay, aytib yigʻlayotgan joylarida birdan jimib qoldilar.
— Salomxon, senmisan? — dedilar yigʻilari qotmagan bir ovozda.
— Ha, menman, opa. Koʻrgani kelayotuvdik. Siz adashmang, derazadan tashlab qochgan baloginaga yoʻliqqurni menam koʻrdim. «Sultonmurod» deb ayyuhannos solasiz, umi, umasmi, qayoqdan bilaqoldingiz? — Oyim urisha-urisha lampani yoqa boshladilar.

Uy ichi bir oz yorishdi. Xolam yengilgina yopilgan tancha ortida oyoqlarini uzatgancha, sochlari toʻzgʻib oʻtirardilar. Yonlarida dumaloqlanib yotgan qora adyol.
— Bekorlarni aytibsan! Oʻsha edi! Oʻshandan boʻlak goʻr ham emasdi! — Birdan Asol xolamning jazavalari tutib, boshlarini bir xunuk chayqagancha, boʻgʻilib-boʻgʻilib, tizzalariga mushtlab-siqtashga tushdilar:
— Kelib-kelib menginani tunadi-ya! Xolam-ku, ona urmida onam-ku demadi-ya! Erkagi yoʻq deb kirgan-da, tirgagi yoʻq degan-da, yashamagur! Sanga dunyo keragakan, soʻramaysanmi, daydi! Voy, bilakkinem, voy bilaklarim-e!
— Opa deyman! Boʻldi-da! — Oyimning yer tepinib, jerkiganlarini hecham koʻrgan emasdim, angrayib qoldim. — Eshitgan nima deydi, oʻylayapsizmi? Oʻsha sangʻi boʻlgan taqdirda ham aytadigan gapmi shu?!

Asol xolam boyagi shaxtlaridan tushishga tutttdilar-u, baribir bilaklarini silab, yum-yum yigʻlashdan oʻzlarini tiya olmadilar.
— Kelib-kelib meni tunaydimi, menginani tunaydimi? Hayhotday xonadonda shoʻppayib qolganim yetmaskanmi? Voy, yana qanaqa azoblari borakan Xudoyimning? Olsa olaqolmaydimi omonatini! Qutula qolmaymanmi hammasidan! Voy, Bahriddinim, Bahriddinginam, meni bu mozoristonga tashlab, qayoqlarga ketding-ey, jonim bolam! Jonginam bolam!

Oyim Asol xolamni urishib ham, yalinib ham yupata olmasliklarini sezdilarmi, sandalning past tomonidagi kalta koʻrpachaga choʻkib, birdan Qur'on tilovat qilib yubordilar.

Men ham sekingina bir chetga oʻtirdim. Xolam birpas hiqillab turib, boshlarini solintirgancha, jimishga majbur boʻldilar.

Lampa chiroqning piligi soʻxta tortib chirsillar, olov tili koʻtarilib-koʻtarilib qoʻygani sari bir «arvohkapalak» uning atrofida parillab aylanar edi.

Oyim qoʻllarini ochib, duo qilishga tushdilar:
— Omin, oʻqigan shu Qur'onimdan hosil boʻlgan savoblarni shu xonadondan oʻtib ketgan ajdodlarning ruhiga, xususan, goʻrlari biz bilmagan uzoq yurtlarda qolgan pochchamiz Mukarram qori akaning ruhi poklariga fiysabililloh bagʻishladim. Ey poko parvardigoro, shu xonadonning boshiga tushgan balolarni oʻzing koʻtargin, domi-daraksiz ketgan farzandlarining boshini toshdan qilib, iloho, oʻzing daragini chiqargin. Qariganda bizlarni bunday xoru zor qilib qoʻymagin.

Tilovatning ta’siri bilan hammamiz endi oʻzimizga kelib qolgan, boyagi dahshatu qoʻrquvlar ham qayoqqadir gʻoyib boʻlgan edi. Oyim oʻrinlaridan turdilar-da, sholchaning ustida yotgan roʻmolni xolamga olib berib, uyni yigʻishtirishga tushdilar.
— Oling, opa, boshingizga oʻrab oling. Bunaqa oʻtirmang.

Qora adyolni taxmonga tutdilar. Yoʻl-yoʻl qizil dasturxonni topib, sandalga yoydilar. Tovoqni ochib qoʻydilar. Qovrilgan qoʻziqorin hidi gurkirab ketdi.

Asol xolam hamon bilaklarini silab-siypagancha, dasturxonga teskari oʻtirar, miq etmas edilar. Xuddi esi ogʻib yuradigan odamday ora-chora ba’zan xunuk kulib qoʻyardilar.

Oyim choy damlab kelib oʻtirdilar.
— Oʻgiriling, opa, dasturxonga qarab oling. Manavi ovqatga qarang.

Asol xolam hech narsa demadilar. Hatto oyimga qarab qoʻymadilar. Shunday boʻlsa-da, soʻzsiz oʻtirilib, tovoqni oldilariga tortdilar-da, ovqatni chapillatib yeyishga tushdilar. Men bir chekkada qisinib oʻtirga-nimni koʻrib, oyim buyurdilar:
— Tur, bitta piyola topib kel.

Men dikka turib, tokchalarga alangladim. Piyola koʻrmay, chor-nochor hovlidagi oshxonaga qarab yurdim. Nazarimda, hozirgina derazadan tashlab qochgan oʻgʻrining sheriklari hovlida pusib turganday, men chiqishim-la dast koʻtarib qopiga tiqadiganday edi. Kap-katta bola, jon hovuchlab zinaga chiqsam, deraza oldida shipday boʻlib bir odam turgan ekan. Yuragim shuvillab ketdi. Qichqiray deyman-u, ovozim chiqmaydi. Holimni sezib, haligi qora tomoq qirdi.
— Bu men, Anvar togʻangman, — dedi. Keyin derazaning bir tavaqasini ochib, oyimlar bilan soʻrashdi.— Opa, yaxshimisiz? Oʻzingiz shoʻtta ekansiz-ku. Yaxshi oʻtiribsizlarmi?
— Ha, Anvarxoʻja, sizmisiz? Yoʻtalib qoʻymaysizam?.. — Oyim dabdurustdan deraza tavaqalari ochilganiga koʻksilariga tufladilar.
— Men-men. Opamning ovozlariga chiqqanim. Tinchlikmikan?!

Hamisha siz-sizlab, ogʻzidan bol tomib turadigan bu odam meni koʻrdi deguncha azza-bazza qarshimda choʻnqayib, soʻrasha ketar, choʻntagidan bir nimalar olib tutqazib, ilinar edi. Men oʻzimga kelib, oshxonaga chopqilladim.

Qaytganimda oyim u kishini koyir, Asol xolam esa, hech gap boʻlmaganday ovqat yeyar edilar.
— Siz qanaqa odamsiz, Anvarxoʻja? Qari odamni shunday, yolgʻiz tashlab qoʻyasizmi? Bolalarning birontasi chiqib yotsa boʻlmaydimi?

Hamon derazaning u yogʻida turgan Anvar togʻam oʻngʻaysizlanib, yer suzdilar.
— Endi, opa, oʻzingizdan qolar gap yoʻq. Bolalar...— deya yamlandilar.
— Kiring bu yoqdan, begona odamday turguncha! — Oyim shunaqa edilar, jahllari chiqsa, hech kimni ayamasdilar. — Nima, bolalar? Or qiladimi?
— Nega, opa? Or qiladigan boʻlsa, boshini urib yorarman! — U kishi azza-bazza deraza rahiga mushtlab qoʻydilar. — Ammo bu kishining odatlarini bilasiz, yarim kechasiyam turib olib, «Bahriddinginam»lab qoladilar. Bolalar yurak oldirib qoʻyishibdi. Boʻlmasa, oʻlibmizmi...

Oyim tushunganday qarab qoʻydilar.
— Sezgirroq yotingda boʻlmasa, siz ham, — dedilar. Lekin oʻgʻri tushganini indamay qoʻyaqoldilar.
— Xoʻp, opajon, xoʻp, jonim bilan. — Anvar togʻa qutulganlariga shukr qilib, «xoʻp-xoʻp»lab deraza tavaqasini yopdilar.

Asol xolam oʻsha yoqqa qarab, aftilarini bujmaytirdilar:
— Qorang oʻchsin, iloyim, suv ilonday vishillamay... Bular hammasi sherik! Hammasi shu xonadonni toʻzitsam, xomtalash qilsam deydi!

Asol xolam yana ayniy boshlagan edilarmi, yo chindanam togʻani tanib qargʻardilarmi, bilib boʻlmasdi. Oyim birdan muloyim tortib, xolamni aldab-suldab chalgʻitishga tushdilar:
— Hoy, opa, opajon, meni keldingmiyam demaysiz-a? Menam uyimni tashlab kelganman sizni deb. Bu yoqda Maqsudxoʻjam oʻtiribdi...

Asol xolam oyimni endi koʻrganday, qoʻllarini koʻzlariga tutib tikildilar:
— Senam meni tashlab ketmaysanmi? Ayt, tashlab ketmaysanmi? — dedilar yigʻlamsirab.
— Nega unaqa deysiz, opajon? Xudoga shukr, mana, yeb-ichib oʻtiribsiz. Vahimangiz nimasi?
— Qolasan-a? Yotib qolasan-a?
— Nima, qoʻrqyapsizmi? Qoʻrqmang, endi kelmaydi! Kelgandayam, nimayizni oladi?

Asol xolam oʻsha-oʻsha qaysarlik bilan bosh chayqa-dilar:
— Pochchangni olib ketti u yalmogʻiz! Bahriddinginamni olib ketdi u. Kelinimniyam koʻp koʻrdi menga.

Endi seniyam olib ketadimi, Salom? Ayt, kimim qolyapti mening? Kimim?!.

Oyim chidayolmay, piqillab, etaklarini koʻzlariga bosdilar. Nimadir deb xolamni yupatmoqchi boʻldilar-u, ovozlari chiqmay... turib ketdilar. Xolam birdan oʻzlariga keldilar. Hay-haylab, oʻrinlaridan yulqinib turdilar:
— Hoy, Salomxon, men esi yoʻqni kechir! Birpasgina oʻtiraqol. Yuraklarim qon boʻlib ketgan, birpasgina yozilaylik, jon singil.
— Xoʻp-xoʻp, mana, oʻtirdim. — Oyim qaytgan kishi boʻldilar.

Xolam endi meni ham sandal yoniga qistashga tushdilar:
— Voy, yarimta noʻxotimdan oʻzim aylanay. Beri kelaqol, bu yoqqa oʻtaqol. Men senga nimalar olib qoʻyibman-ku hali. — U kishi quti titkilashga, yongʻoq, jiydalar olib, dasturxonga toʻkishga tushib ketdilar.

Pildirab yurib, birpasda choyni ham yangilab keldilar. Qaysidir qutilardan kallak qand olib, bir boʻlagini mening piyolamga solib qoʻydilar. Oʻtirgan joylarida oyimning yelkalariga qoqib, kuraklarini silab, aylanib-oʻrgilganlarini, choy berib qistaganlarini koʻrsangiz. Darrovda tamomila boshqa odam boʻldi-qoldilar.
— Yaxshiyam sen borsan, Salomxon. Dardimni yengillatasan. Xudo xayringni bersin, manavi toychogʻingning rohatlarini koʻrib yurgin, iloho.

Men Asol xolamning bu aylanib-oʻrgilishlari orqasida biron gap yoʻqmi deb xavotirlanib oʻtiribman. Ilgari qishda kelganimizda shunday boʻlgan-da. Aylanib-oʻrgilib, avrab oʻtirib, bir vaqt qarasak, tanchaning ichidan oyogʻimizni tizimcha bilan kursiga bogʻlab qoʻyibdilar. Oʻz koʻngillarida, ketib qolmasin, deganmilar.

Shuni sezibmi, oyim gapga soldilar:
— Oʻzi qoʻlingizda bilaguzugingiz bormidi, opa? «Yoʻqolgan pichoqning sopi» birdan eslariga tushib, xolam bilaklarini silab, hiqillay boshladilar.
— Kelingina tashlab ketganakan... Undan ola ketgani tuzzuv edi. Bahriddinginamdan esdalik qilib... Iv-v...

Oyimning ranglari qora-qizil boʻlib ketdi.
— Qayoqdan is ola qolibdi, yaramas?! — Keyin ovozlarini pastlatib soʻradilar: — Siz oʻzi basharang qurgʻurni basharasini koʻrdingizmi yo tusmollab?.. Asol xolam xunuk bosh chayqadilar:
— Oʻshandan boʻlak it kirarmidi?! — Yuzlarini oʻgirib oʻtirib-oʻtirib, anchadan keyin boʻshashdilar.— Koʻzim ilinay degan ekan, bir mahal qarasam, shiftday boʻlib tepamda bittasi turibdi. Qoʻlida boyagi qora adyol. Esimni yigʻguncha boshimga yopib, sitib oldi-ketdi. Voy-voylagancha qolavurdim.
— Hali koʻrmasdan... «Sultonmurod»lab yotibsizmi?! — deb jerkib berdilar oyim. — Yomon boʻlsa, kim ekan?.. Rahmatli singlingizning yetimchasi. Figʻoningizni eshitib, boyaqish goʻrida tikka boʻldi desangizchi.

Asol xolam birdan toʻnlarini teskari kiyib, oʻti-rilib oldilar:
— Sen namuncha oʻshaning yonini olib qolding? Oʻgʻrini oʻgʻri, toʻgʻrini toʻgʻri deydi-da!

Oyim boʻsh kelay demasdilar:
— Qoʻl bilan ushlamadingizmi, jim oʻtiring. Uyat boʻladi! Men ham koʻrdim qorasini. Oʻsha boʻlsa, tilimni tishlamay nima qilardim?!

Xolam yumshadilar:
— Men qaydan bilay, pishillab-harsillashidan oʻshami deb...
— Sizga shunday tuyilgan, endi hap oʻtiraturing-chi, bedarak ketmas. — Oyim xolamni tinchitib, qoʻzgʻaldilar. — Turaqol, oʻgʻlim, vaqt ham allamahal boʻldi.

Oʻzi uyqu bosib oʻtirgan edim, darrov turdim. Asol xolam azza-bazza yigʻi-sigʻiga tushdilar:
— Mana shunaqa-da. Hammang kelasan-ketasan. Soʻppayib oʻzim qolavuraman bu hayhotday mozoristonda. Uning keladi — talaydi, buning keladi — tunaydi... Iv-v...

Xolam yana ayniy boshlagan edilar. Bir amallab zinadan tushib oldigu uyimizga zipillab qoldik.

Oy terak boʻyidan oshib, havolab ketibdi. Atrof sutdek oydinligiga qaramay, har bitta daraxt orqasida bir kimsa pusib turganga oʻxshar, uzoqda akillayotgan it ovozi ham aniq-taniq eshitilar edi. Orqamizdan tun qoʻynini yorib, yana Asol xolamning nolayu faryodlari tarala ketdi:
— Voy Bahriddinginem, menginani tashlab, qayoqlarga bosh olib ketding, bole-em?! Bu dunyoda yana qayta koʻramanmi seni, bole-em?

Titrab ketdim. Oyim ogʻir xoʻrsindilar:
— Tirnoqqa zor oʻtgan opam!.. Asrandisiga tegmasalar nima qilardi edi?! Xudoyim oʻzi koʻrib-bilib turgandir. Javobi bordir, bordir javobi bu xoʻrliklarning?..

Quruq qayragʻochdan uchgan bir nima pastlab va xunuk «qiv-qiv»lab borib, koʻchani kesib oʻtdiyu daf boʻldi. Oppoq toʻlin oy oʻsha quruq qayragʻochgayam, uqalanib ado boʻlgan devor sarxoklarigayam, yoʻl chekkasidagi koʻrpa boʻlib yotgan oʻtlargayam nurini birday, ayamay toʻkar edi.

Nusrat Pochchaning Tashriflari

Salqingina shom tushgan, Tegirmonkoʻchaning bu yogʻidagi soylik ustida koʻkish bir tuman Izzagacha tasmadek yoyilib yotibdi. Hamma daladan uy-uyiga shoshgan mahal. Kunning bu pallasida tovushlar allatovur jaranglab eshitila boshlaydi. Bizning dalalar shunday, tongga qadar har xil tovushlardan jangillab, soylar shovullab chiqadi.

Ona-bola oldinma-ketin hovliga kirib borsak, uyda mehmon oʻtiribdi. Oʻchokda olov yonib, qozonda goʻsht qovurilyapti. Hovlini piyozdogʻ hidi tutib ketgan. Supada shaharlik qarindoshimiz Nusratilla pochcha shom namozini oʻqiyaptilar. Biz kelganimizni koʻrib, oldi ochiq oshxonamizdan ipakday muloyim Oyposhsha xolam chiqib keldilar.
— Voy, Salomxon, keldingmi dalangdan? Hali qachon qaytasan, deb qozonga unnab yubora qoluvdim.

Oyim quchoqlashib koʻrisharkanlar, xijolatdan oʻpka-gina qilib:
— Voy, opa-ey, kelganakansiz, bironta bolani yugurtirmaysizmi? Meni uyaltirib nimalarga unnab yuribsiz? — dedilar.
— Pochchangni bilasan-ku, shoshirib tashlaydilar. Choʻlponotaning guzaridan yogʻ-goʻsht olganakanlar, qozonga bosaqol, arvoh xotira, Salomxonnikida bir kecha yotib ketamiz, deb qoʻymadilar...
— Ajab qipsizlar-da. Xush kepsizlar. — Oyim yoʻlakay roʻmollarini toʻgʻrilagancha, uyga shoshildilar.

Shundagina xolam meni koʻrib, bir qoʻllarida kapgir, bir qoʻllarini koʻtarib, koʻrishgani kela boshladilar.
— Voy, xolaginang aylansin, katta yigit boʻp qopsan-ku, bolam. Jo-on Xudoyim, oying rohatingni koʻrsin, oʻsha kunlarga oʻzi yetkazsin, — deb bagʻrilariga tortib, kuraklarimni silab, peshonamdan oʻpib qoʻydilar. Bunga sari ulardan ham, oyimlardan kelgani kabi, bir ifor taralib, bagʻirlariga singib ketgim kelar edi.

Bu orada joynamozni yigʻishtirib, Nusratilla pochcha pishillab-harsillab supadan tusha boshladilar.
— E-e, Mahmudxoʻja eshonning chirogʻi, yaxshimisan? Qani-qani, kel-chi. Bir omonlashib qoʻyaylik. Obbo doʻnan toychogʻ-ey.

Men salom berib, chopib bordim. U kishi ham quchoqlariga olib, goʻyo boʻylarimni hidlaganday iskala-nib, alqay-alqay peshonamdan oʻpa ketdilar. Katta-katta qoʻllari, ipaqdanam muloyim kaftlari bilan boshu boʻyinlarimni silashga tushdilar.
— Iloho, shu uylarning chirogʻini oʻzing yoqib oʻtirgin. Xudo yetimlarning gʻamini oʻzi yegan, oʻzi qoʻllagan. Bobur mirzoday, peshonasini yorugʻ qilgan. Senam yurtda martabalar topgin...

Nusratilla pochcha shunaqalar oʻzi. Ogʻizlaridan bol tomib, oʻsha ajdodlarini bir eslab qoʻymasalar, oʻrniga tushmaydi: «Shahzoda sendekligida unday qilgan, sendekligida bunday qilgan. Oʻn ikkisida davlat soʻragan, oʻn oltisida falon-falon mamlakatlarni olgan...» va hokazo va hokazo. Quloq solsangiz, bundanam gʻaroyib hikoyatlarga tushib ketadilar.

Shuncha narsani qaerdan biladilar, hech aqlga sigʻdirolmayman. Aytishlaricha, oʻzlari ham oʻsha Bobur mirzoga oʻxshab, ona tomondan Yunusxonga tutashib kelar emishlar.
— Hey, sen bilmaysan, yaqin-yaqinlargacha oyim rahmatlining sandiqlarida Boburshohning tilla banddi qilichi saqlanar edi, vallohi a’lam. Falon yilgi kov-kovda opchiqib ketganlaricha ketdi bedarak... Badbaxtlar yolgʻiz yodgorligimizniyam qoʻymadilar-a, — deb ichimizga olov yoqqanlari-yoqqan har gal. Keyin bizning ham savol xaltamiz ochilib ketadi oʻz-oʻzidan.

Ammo hozir «boraqol, boʻtam» deganday yelkamga qoqib, yuzimni siypab qoʻydilar. Men hayitlik tekkan boladay ichim toshib tursa-da, oʻzimni bosib, sipolik bilan nari yurdim. Shirin bir tuygʻudan boshim osmonda. Suyagi yoʻgʻon, gavdali bu odam buncha muloyim, buncha halim ekan? Undan mushk-anbar hidiga oʻxshash bir muattar hid gurkirab kelib turar, bu boʻy yuziga yarashiqli chiroyli kuzalgan soqollaridan keladimi yo ust-boshlaridanmi — bilmasdim, bilolmasdim. Ulardan boshqa bironta odamdan shunaqa boʻy tuygan emasman, rosti.

Nihoyat, osh damlanib, samovar qaynaguncha sigir ham sogʻib kelindi, boshqa ishlar ham kusar topdi. Oyim hali koʻmib ulgurilmagan tancha atrofiga joy qilgan ekanlar. Buvamizdan qolgan tabarruk sandal ustiga dasturxon yoyilib, chor gardishli katta gardin qoʻyildi. Uning oʻrtasidagi gullari oʻngib ketgan boʻlsa-da, girdidagi nozik naqshi butun, bittayam siri koʻchmagan edi. Non ushatilib, choy keldi. Tokchadagi chiroq oʻrtaga olinib, soyalar devorga koʻchdi. Fayz bir yerga yigʻilganday edi.

Toʻrda Nusratilla pochcha sandalning bir tarafini toʻldirib, qoʻsh yostiqqa suyangancha, mamnun jilmayib oʻtiribdilar. Har qimirlaganlarida «Oʻzingga shukr, shu kunlarga yetkazganingga shukr», deb qoʻyadilar. Qarshimda esa, oq-oppoq boʻlib, Oyposhsha xolam choy quyadilar, boshlaridagi qoʻshqavat oq roʻmolning bir uchini boʻynilaridan oʻtkazib, shundaygina yelkalariga tashlab qoʻyganlarigami yo chiroq oʻsha yoqdaligi uchunmi, yuzlari shunday chiroyli boʻlib ketganki, qarab-la toʻymayman.

Bu orada oyim oshni yolgʻiz chinni laganimizga suzib keldilar. Osh oʻrtaga qoʻyildiyu dasturxonga yana ham fayz kirib ketdi.
— Bismillohir rohmanir rohiym, Xudoyimga shukr, yetkazganiga shukr, qani, ne’matini mahtal qilmanglar. Mana, men boshladim, — deya Nusratilla pochcha yeng shimarib, oshga qoʻl uzatdilar.

Yo tavba! Bu shaharlik mehmonlarimizning qoʻli shunchalar shirinmidi yoki qoʻy goʻshtining mazasimidi, lekin osh juda zoʻr boʻlibdi. Hidi gurkirab, boshni bir aylantirsa, oʻzi tomoqdan moydek oʻtib, oʻn yoqar edi.

Oyim samovar patnisga sezdirmaygina chayindi tashladilar shekilli, tagiga tushgan choʻgʻ vashillab soʻndi. Pochchaga choy uzatayotib, oshga qistadilar:
— Yaxshi-yaxshi olinglar, pochcha, opa, yoʻl bosib kelgansizlar.

Pochcha oʻzlariga yarashadigan bir tarzda boshlarini saraklatib, alqashga tushdilar:
— Bay-bay-bay, bu dunyoning taomi boʻlmabdi. Rostini aytsam, sizlarning oldingizda yangamning oshini shirin qilgan pochchamning masalligʻi degan gaplaram bekor. Bekor-bekor.
— Oyim rahmatlidan bizga yuqqani shuda, — deb qoʻydilar xolam. — Boshqa nima qopti? Toʻgʻrimi, Salomxon?

Oyim xayollanib, bosh silkidilar. Pochcha oshdan bosh koʻtarib, xolamga quvnoq koʻz tashladilar:
— Boshqa nima qoptimi? He, kepchik-kepchik oltinlar-chi, oltinlar?..

Xolam qanaqadir bir voqeani eslab, yuzlariga nur yogʻildi:
— E, Sanobar-e, qayoqdagi unut gaplarni kavlashtirasiz-a. Qarib, qitmir chol boʻlib qolyapsizki biram.— Soʻng oʻsha voqea nasha qilib, sandalning chetiga urib qoʻydilar. — Salomxon, esingdami, Umarxoʻjaboy qizlarining sepiga bir kepchikdan tilla boʻlishibdimish, deb eshigimizni turnaqator sovchi bosgani?..

Oyim yuzlarini yashirib, kuldilar:
— Shuning uchun sut puliga ham qurbi yetib-etmaydiganlar kuyov boʻlgan ekan-de!..

Men hech narsa tushunmadim. Pochcha xoʻrillatib-xoʻrillatib choy ichaturib, oyimning gaplariga qalqib ketdilar.
— Rost-da, nega kulasiz? — deb qoʻydilar xolam. Pochcha oʻzlarini zoʻrgʻa bosib, yoʻtalningmi, kulginingmi zoʻridan koʻzlaridan tirqirab chiqqan yoshlarni arta-arta hansirardilar:
— E, la’nati kepchik, la’nati sep!.. Qayoqdanam esga soldim.
— Biz-ku, mayli, boshqa joyda ayta koʻrmang, pochcha, teshik quloq — bilib boʻladimi...
— Ha, shuni ayt, — deya kutilmaganda xolamning oshga uzatilgan qoʻllari lagan chetida qotdi. — Ana, Asol opamlarnikiga oralagan emish-ku. Rostmi, Salomxon? Shuncha soʻrasam, oʻzlari, e, yoʻq, oʻgʻri nimamni oladi, deb turibdilar?

Oyim tillarini tishlab qoldilar. Aftidan, bular u kungi voqeadan bexabar kelib qolishgan-u, kimdandir bir uchini eshitib, xolamnikida yotolmay bu yoqqa chiqaverishgan. Oyim ham buni anglab, yamlandilar.
— Oʻzim ustida edim, opa...

Xolam sinchkov-sinchkov tikildilar:
— Sen, Salomxon, yashirma, borini aytavur. Oyim endi tasalli berishga oshikdilar:
— Hay, opa, qiziqsiz-a, oʻsha gaplarga ishonib oʻtiribsizmi? Nomini atab chaqirganlari bilan u emasdi. Oʻzim koʻrdim-ku derazadan tashlab qochganini. Pakana, pachoqqina odamiydi. Men bilamanmi, ular biladilarmi?!

Pochcha kaftlarini qoshlariga surkab, barmoqlarini yaladilar. Keyin erinmay sochiqqa artinib, soqollarini silab, moyladilar-da, pishillab yostiqqa suyandilar. (Oshdan bir-ikki choʻqum yegim kelib turgan boʻlsa-da, men ham sekin qoʻlimni torta qoldim).
— Ha-a-a, — dedilar choʻzib, — qiziq boʻpti-ku. Biz bu gaplardan bexabar, opam yolgʻiz qoldilar, Sul-tonmurodni yuborib tursakmikan, deb kelib yuribmiz. Bir chekkasi qora, bir chekkasi manavi notinch zamonda chetroq yuratursami deb...

Oʻrtaga jimlik choʻkdi. Har kim oʻz xayoli bilan mashgʻul boʻlib qoldi.

Pochcha yana tomoq qirib yoʻtaldilar, yuzlarini ishqab, oʻtirgan joylarida betoqat qoʻzgʻalib qoʻydilar:
— Oʻ-oʻ-oʻ, chatoq boʻpti, chatoq. Hovliqib qopmiz, hovliqib, Sanobar.
— Nega unaqa deysiz? Mana, Salomxon aytvotti, xijolat boʻladigan hech gap oʻtmabdi-ku.
— E, baribir-da, Sanobar. Men hovliqma elburutdan raisga kirib-la yuribman. Ruxsat olib-la yuribman.
— Koʻnuvdimi? — dedilar xolam ham xijolatga tushib.
— Koʻnmay nima?! Qiziqsan-a, Sanobar! — Pochcha xolamga ilkis qaradilar. — Nima, Sultonmurod shunaqa qoʻrqinchli odammidiki? Gapingni qarayu...

Pochcha oʻrnashib oʻtirvoldilar-da, ogʻizlaridan bol tomib, asrandilarini oyimga alqay ketdilar. «Ey, Salomxon, bu eshon pochchamning oʻgʻillari bir yigit boʻldi: oʻktamlikdayam, suqsurlikdayam tengi yoʻq. Oʻnta yigitning ichida joʻraboshi, qirqta yigitning ichida bek sanalgudek. Oʻt-olov! Bilmagan yurti, oshmagan togʻi, ichmagan suvi qolmadi. Har doʻstlari borki, bilmadim, bu boladan kim chiqadi, kim chiqadi. Faqat...»

Ha, pochcha faqat bir narsadan tashvishdamishlar. Anuv Eski Joʻvaning melisasi Zokir badbaxt odam quriganday u bilan oʻchakishib qoptiymish. Yo qamataman, yo askarga joʻnataman deb tirgʻalib kelib yotganmishda nuqul.

Pochcha melisani «Egamning tiygʻi parroniga uchragur», deb koyib, choyni oz-ozdan hoʻplab oʻtirib edilar, birdan nimadir nasha qilib, bosh chayqab-chayqab, oʻzlarini toʻxtatolmay qiqirlab-qiqirlab kulishga tushdilar. «Hah bolasi tushmagurlar, bolasi tushmagurlar! Nima qilishibdi degin, Sanobar?», deb Zokir melisani qanaqa qilib «yarashuv oshi»ga chaqirishga-nini aytib berib qoldilar.

Anoyilar-e! Tirgʻalavuradimi bu, deb uni avval toza musallasga boʻktirishibdi. Oyoqda turolmay qolgach, postiga obborib, «chiroqpoya» qilib ketishibdi. Bir mahal qarashsa, postda sham yonib yotganmish, erib oqib yotganmish. Postning ichida birov baqirib-chaqirarmish, oʻrnidan turolmasmish. Qorovullar chopib borishsa, Zokir melisa ekan.
— E, toza hangoma boʻb ketdida shu gap. Oʻshandan beri Sultonmuroddan qasdini ololmay halak, — dedilar pochcha mijjalarini arta-arta.
— Voy, oʻlaqolsin. Shunga oʻtqazib qoʻyganakanmi? — dedilar xolam.
— Ha-da. Qancha ishlovminan qutqazvolsam... «Haqiqat qilsa, baravar qilsin, biz ikkitamiz», dermish jiyaning.
— Yoʻgʻ-e. Bilmaganda bu yoqda siz borligingizni.
— Bilganda ham bir karra aytardi: Nima qilib aralashib yuribsiz deb. Axiyri oʻsha sheriginiyam qoʻshib boʻshatvoldim.
— Kim ekan? — deb qiziqdilar xolam. Pochcha qoʻl siltadilar:
— Kim boʻlardi, qumloqlik bir otning qashqasi ekan. Chamanmi, Machonmi, degan. — Yana oʻzlari «andavalab» siporishladilar: — Balki binoyi yigitdir. Melisani bilasan-ku, hamma udli-shudlisini hisobga olib yuradi.

Keyin pochcha piyolani bir chetga qoʻyib, tizzalariga toʻkilgan ushoqni terib, alahsindilar. Va shu alahsish barobarida yengil xoʻrsindilar:
— Shunaqa gaplar, Salomxon. Biz shu asrandimiz shu yoqlarda yura tursami deb keluvdik. Aksiga olib... bu yoqda bunaqa gaplar ekan.
— Jilla qursa, koʻchib chiqqunimizcha tursa edi, — dedilar xolam.

Ol-a! Niyatlari shu ekan-ku! Tagʻin «bir yigit boʻldi-bir yigit boʻldi»lab alqaganlariga oʻlaymi?!
— Bularga qolsa, ertagayoq anuv qirgʻinbarotga joʻnatvoradi. Keyin biz nima degan odam boʻlamiz Abdurahim eshon pochchaning ruhlari oldida. Bir arzandalarini asray olmasak?

Oyim yakandozning chetini himarib-tekislab oʻtirgan edilar, bu gapdan ilkis bosh koʻtardilar.
— Pochcha, unchalik boʻlsa, mana uy-joy: Asol opamlarnikida turdi nimayu bu yerda turdi nima?! Kelaversin.

Ana xolos! Men yalt etib yuzlariga qaradim: «Oʻgʻri-kazzob bir odam-a?! Kelib-kelib biznikida-ya! Oʻgʻrixona boʻlarkan-da?»

Ammo oyim menga qarab ham qoʻymadilar:
— Kelsa, begonami, ota yurtiga keladi! — dedilar kesib.
— Uyaltirib qoʻymasmikan? — Pochcha yamlanib, xolamga qaradilar.
— Balki quyilib qolar, arvohlar yor boʻlib? — dedilar xolam.
— Qaniydi, chiroqlarini yoqib oʻtirsa, opamning arvohlari shod boʻlmasmidi! — dedilar oyim mahzun tortib va laganni koʻtarib chiqa boshladilar.

Rosti, menam oʻzim kal — koʻnglim noziklardanman, shekilli, gʻijinim qistab-qistab oʻtiribman: oʻzi bularga boʻy bermay ketgan ekan-ku, tagʻin qirqta yigitning ichida bek sanalgudek deb maqtaganlari nimasi?! Bitta shoʻrtumshuq ukasining oʻzi yetardi, bunisiniyam tiqishtirishmasa. Hech kimi yoʻq deb opkelavurishar ekan-da?..

Yashil Qushlar Yoxud Pochchaning Bobur Mirzo Haqida Hikoyalari

Oyim qozon-tovoqlarni yuvib, oshxonani saramjon qilyaptilar chogʻi, hayallab qoldilar. Men sandalning bir yogʻida tizzamga patnisni toʻnkarvolib, oʻzimcha dars qilyapman. Pochcha qoʻllarida doʻlanarang tasbeh (donasiyam doʻlanadek keladi), xumdek boshlarini solintirgancha, jimlar. Koʻzlari yumuq. Mizgʻiyaptilarmi, bir narsani oʻylayaptilarmi — bilib boʻlmaydi.

Men u kishidan odatdagidek biron sarguzasht (balki yana Boburshoh haqida boshlab qolarlar) eshitishga ilhaqman-u, sezmaydilar. Nihoyat koʻzlari tushib iliq jilmaydilar.
— Ha, jiyan, elityaptimi?
— Yoʻq, nega? — dedim xijolatga botib. Holbuki, chindanam uyqu elita boshlagan edi.
— Elitmasin, elitmasin, — dedilar u kishi pishillab qoʻzgʻalib. Keyin katta kaftlari bilan soqollarini tutamlab siladilar. — Sening shu yoshingdamikan, vallohi a’lam, bizning Bobur mirzo uyqularidan kechib, Andijon tomonlarda gʻanimlari ustiga ot qoʻyib, qilich solib yurgan kezlari... Bir kuni desang...
— Qoʻying, Sanobar, yana boshladingizmi oʻsha hikoyalaringizni ?

Xolamning tuyqus e’tirozlaridan pochcha norozilanib toʻxtadilar.
— Hikoyalarimga... nima qipti?

Xolam u kishining ogʻringanlarini sezib, siporishladilar:
— Endi, oʻzizam, Sanobar...
— Nima oʻzim? Oshirvoryapmanmi? Arzimabdimi Bobur mirzo?
— Yoʻq, nega, arziydi. Unday demayapman menam.
— Boʻlmasa, nega aralashasan, moshxoʻrdaga qatiq boʻlib?
— Xoʻp, ana, jim oʻtirdim, — deb xolam orqalariga suyanib oldilar, — aytganingizcha aytavuring... eshitar quloqni topvolib...
— Ana, xolos! — deya pishillab kulib yubordilar pochcha. — Bir, qoʻying, deysan, bir... eshitar quloqni topvolib! Sen eshitmasang, mana, jiyan eshityapti!
— Bittasi Sultonmurodmidi? — dedilar xolam kutilmaganda kesatib. — Eshitaverib... nima boʻldi?

Nima boʻlganini... men tushunmadim. Lekin pochcha shu bir ogʻiz soʻz nasha qilib, rosa yayrab kuldilar. Keyin oʻzlarini tutolmay, oʻtirgan joylarida yelkalari silkinib-silkinib, qiqirlab-qiqirlashga tushdilar.
— Kuling-a, kuling. Sizga kulish boʻlsa, — deb xolam yuz burdilar.
— Voy, Sanobar-ey, Sanobari tushmagur-ey. shunaqa degin?! Oʻshalarni eshitaverib, degin?!
— Ha, oʻzizam aybdorsiz, — dedilar xolam ginalaridan tushmay.
— Aybdorman-aybdorman. — Pochcha bunga sari ta’sirlanib, bosh chayqab-chayqab kularkanlar, tan berdilar, — faqat... faqat, hamma unga oʻxshasa jon derding, Sanobar!

Kimga oʻxshasa? Sultonmurod akamgami yo Bobur mirzogami? Unda nega bu yoqlarga opchiqib turishmoqchi? Kelib yurishibdi?

Xolam kesatibroq bir nima dedilar, men anglamay-la qoldim. Pochcha esa, oʻsha-oʻsha, nasha qilganda chiqqan koʻz yoshlarini hali kaftlariga, hali roʻmolchalariga artib oʻtirarkanlar, axiyri tinchib:
— Quyilishibam qolar, xolajonisi, quyilishibam... Bu yogʻi ota yurt... — dedilar murosa ohangida.

Hikoya hikoyada qolib, xolam gapni boshqa yoqqa burdilar:
— Ota yurtda otaning arvohini ham oʻylasa boʻlardi, boyaqish eshon pochcha, ikki enlikkina xabarsiz... ketib boryaptilar.

Pochcha qoʻllarida tasbehni shiqirlatib:
— Nimasini aytasan, — deb qoʻydilar.
— Yozigʻi nima ekan, shunday odam? Pochcha yumshoq kulib, chuqur tin oldilar:
— Heh, Sanobar-a, Sanobar, baloning qattigʻi kimga kelishini bilsang eding. Eshon pochchaning kimligini bilmaganday gapirasan-a ?
— Avliyodek bir odam edilar. Nega bilmay?!
— Ha-a, ana endi oʻzingga kelding, Sanobar. Xudovandi Karim ham balo-musibatlarning eng zoʻrini avval paygʻambarlariga, qolavursa, avliyolariga yuboradi. Shu bilan imtihon etadi, bilsang. Hoʻ-oʻ, Sanobar-a, bu olagʻovur dunyoda Abdurahim eshon pochchaday baloning ogʻziga toʻgʻri borish, iymonni bermaslik osonmi deysan, osonmi? U kishi, inshoolloh, shahid maqomida ketdilar, ruhlari yashil qushlarga aylanib ... Jannati na’imlardan nasib etdi desang-chi, nasib...

«Yo Olloh! — Men yuragimga gʻulgʻula tushib, hapriqib qoldim. — Rostdan oʻsha qushlar yashil ekanmi, ruhlar ekanmi, oyim aytganlariday?»

Qoʻrqib ketganimni ham, sevinchdan yuragim yorilar darajaga borganini ham bilmayman. Pochchadan soʻray deyman-u, soʻray olmayman, tilim tanglayimga yopishib qolganday.

Koʻz oldimda esa, oʻsha kungi koʻrganlarim: olam oy nuriga gʻarq boʻlib yotibdiyu men bogʻ eshikda qotib turibman. Bir ajib, bir gʻalati qushlar xolamlarning xaroba qoʻrgʻoni ustidan pastlab kelib, ovloq hovuz boʻyiga qoʻnmoqdalar, qoʻnmoqdalar. Qur-qurlashib uchib-qoʻnib, ziyorat etib yotibdilar. Oʻshalar ham yashil qushlar edi chogʻi?..
— Shunaqa deysiz-u, butun boshli bir xonadon tirqirab ketsa, achinmay boʻladimi?
— Ha, nimasini aytasan! — deb turib, yana boyagi gapga koʻchdilar, Sultonmurod akamni maqtashga tushdilar: — Men bunimizning taqdiridan koʻpam qoʻrqmayman. Eshon pochchadan yuqqani bor. Hamma xavfim anuv kichigidan. Qoʻldoshxoʻja oʻqishga yuborib yaxshi qilmabdi. Salomxonning qoʻl ostidan chiqarmasa boʻlardi.
— Tushunmadim. Unisi qaytaga Sultonmurodingizdan moʻminrogʻ-u...
— Qayoqda! Indamas, shoʻrtumshuq desang, toʻgʻri boʻlar edi. Ana, Maqsud biladi-ku, toʻgʻrimi, doʻnan toychoq? — Pochcha erkalagandek koʻzlari bir muloyim kulib qaradilar. (Olim akam rostdanam arazgoʻy, ichimdagini top xilidan edi. Lekin oyimlardan hayiqib turar, soʻzlarini ikkita qilolmas edi. Qocholmay turgan ekan, oʻqishga ketdiyu qorasini koʻrsatmay ham qoʻydi.)

Men yomonlagim kelmay, yelka qisdim.
— Balkim.
— Balkim emas, anchagina ichidan pishgan. Yosh qolgan-da. Ota-onaning mehriga qonmagan. Sultonmurod esa, oʻt-olovligiminan boʻlak odam. — Keyin iyib ketib, uzoq yilgi bir voqeani eslay ketdilar: — Bir kuni degin, Sanobar, u vaqtda rahmatli eshon pochcham hayot edilar, biz chor-atrofdan kitobxonlikka yigʻilib turadigan paytlarimiz, borsam, endi asr namoziga oʻtishgan ekan, qavatlarida shu bir qarich oʻgʻillari Sultonmurod bir chiroyli takbir tushirib turibdi. Borib men ham qoʻshildim. Eshon pochcham imomlikka oʻtdilar, biz orqalarida turib namoz oʻtadik. Soʻngida «Qani, oʻgʻlim, oʻqivorasizmi?» dedilar. Ilgari eshitmaganakanman, qiroatminan, shu, bir chiroyli oʻqiy ketdi, bir chiroyli oʻqiy ketdiki «Taborakallaziy»ni. Shu jimitdek bolachalik ixlosimiz yoʻqligidan, rosti, uyaliblar ketdim. Keyin, desang, «Opoqdodasi, bizni ozgina darsimiz bor edi», deb haligi yonimizda qoʻndoqdek boʻlib namoz oʻtagan bolakayni imtihon eta boshladilar. Men some’ — quloq berib oʻtiribman. Eshon pochcham soʻrab turibdilar. Bola biyron-biyron javob qilib turibdi. Koʻzlari porlaydi, porillaydi, yana soʻrang deganday. Har bitta moʻmin-musulmon bilishi shart boʻlgan narsalarni biyron-biyron aytib beraversa, degin, yoqamni ushlab qolibman. Qatiq toʻkilsa ham, yuqi qoladi-ku, axir, Sanobar. Oʻsha bolada shu...
— Kenjasi kimning farzandi ekan, Xudo xohlasa, bir yigit boʻlsin u ham, — dedilar xolam.

Pochcha miyigʻlarida jilmayib, bir qarab qoʻydilar-u, indamadilar. Sovub qolgan choylarini simirib, yastandilar.
— Men aybsitayotganim yoʻq, lekin mehrga qonmagan bunisi. Nari borsa, atak-chechak yurgan bola edida u mahal. Ha, keyin sen unutma, Sanobar. Ilgari poshsholar xos navkarlikka bekorga, ota-onasini tanimaydiganlarni olishmagan? Chunki ularda mehr kamroq boʻladi. Berahmroq keladi. Olganini beradi-da, olmasa nimani beradi, Sanobar?
— Qoʻying, Sanobar. Xudoning yozganidan ortiq boʻlarmidi. — Xolam pochchaning mulohazalariga qoʻshilmagan edilar.
— Men aytdim-qoʻydim-da, bolani oʻsha oʻqishga berib, Qoʻldoshxoʻjang chakki qipti.
— Hoy, Sanobar, oʻzizzi ja bilimdon sanavorasizki.... Nima Qoʻldoshxoʻja? Yomon boʻlsin, deptimi? — Xolam birpasda xafa boʻlib, arazlagan kishiday yuzlarini burib oʻtirib oldilar. — Sultonmurodingizniyam maslahat qilmadiz, axiyri nima boʻldi?
— Nima boʻpti?
— Mana, Salomxonga qoldiraylikmi deb oʻtiribsiz-ku. Qoʻldoshxoʻjaga maslahat solganiyz-da...
— Qoʻldoshxoʻjang avliyomidi?! — Pochchaning soqollari dikkayib tushdi. Hatto uzun-uzun qoshlari ham tikkayib ketdi.
— Avliyo boʻlmasa ham, bir tayinli maslahat chiqardi undan.
— Xoʻsh, nima deysan?.. Nima boʻlsa, peshonasidan, deb yuboraverayinmi harbga birovning bolasini? Oʻzlari toʻzib ketgani yetmaydimi?

Xolam boʻshashdilar.
— Kelib-kelib, boshida erkagi yoʻq, Salomxonga qoldiramizmi deyman-da.
— Salomxon tushunadigan xotin. Siyosati ham qattiqqina. Sultonmurod shoʻtta turadi, tamom! — dedilar pochcha gapni kesib.

Men boʻshashib tushdim! Ana xolos! Shaharning mashhur oʻgʻrisi biznikiga qoʻr toʻkarkan-da? Bu yogʻi qiziq boʻldi-ku!..

Qizgʻaldoq Xumchalari

Chumchuqlar chirqillasha-chirqillasha inlariga kirib ketishdi. Osmon hali yorishib tursa ham, devor taglariyu ariq boʻylarida qoramtir sharpa kezib qopti. Oyim shosha-pisha namozlarini oʻqib olib, sigir sogʻishga tushdilar. Men ikki choynakkina suv sigʻadigan jajji oq ruh samovarimizga (uning old tomonidagi tamgʻalari ichida ikki boshli qush rasmiyam bor) olov qalab, karnayidan gurillab chiqayotgan oʻtga mahliyo boʻlib turgan edim, koʻcha eshigimiz gʻijirlab ochildi. Ostonada barvasta odamning qorasi koʻrindi.
— Opa?! Shoʻttamisiz?

Magʻrur ovozlaridan tanidim: Qoʻldosh togʻam! U kishi Qonqus tomondagi allaqaysi kalxoʻzda kim boʻlibdir ishlaydilar. Oʻzlari moʻylov qoʻyvorgan, barvasta, uncha-munchani nazar-pisand qilmaydigan, kerilib yuradigan odam. Lekin shu tomonga yoʻllari tushsa-tushmasa, oyda bir-ikki biznikiga bosh suqib oʻtishlari, allamahalgacha gaplashib oʻtirib ketishlari bor.

Men togʻam lablarining chetida sassiz, lekin yoqimli kulib turishlarini juda yoqtiraman. Bir xil odamlar shunday kulsa, oʻzingni tahqirlagandek sezasan. Lekin togʻamniki boshqacha. Xuddi «ha, jiyan, noʻxatpolvon boʻlib yuraverasizmi, bunday boʻyga ham zoʻr bering-da», deb erkalab turganday. Men yugurgilab borib, salom berdim.
— E, jiyan, senmisan? Boʻyni qoʻyib yuboribsiz-ku, yaxshi-yaxshi. Yigit degan shundoq boʻpti!

Qoʻlim u kishining kaftlarida yoʻq boʻlib ketib, oʻzim bagʻrilariga yopishdim. Kiyimlaridanmi, moʻylovlaridanmi tamaki hidi gupillab anqib turardi.

Oyim sut chelakni bir chekkaga qoʻyib, shoshildilar.
— Keling, Qoʻldoshxoʻja, esonmisiz-omonmisiz? El-ovullar, hamma qarindoshlar tinchmi? Oʻzingiz?..— U kishi ilgaritdan togʻalarimni shunday sizsirab, soyasiga koʻrpacha solgudek izzatlab soʻrashadilar.

Togʻam yelkalarini tutdilar. Soʻng mening boʻynimdan quchgancha, ichkariga boshladilar.
— Yur-chi, men senga nima opkeldim ekan. — Va uyga kirib, buyurdilar: — Qani, koʻzingni yum, qoʻlingni och-chi.

Men hovuchimni ochib, koʻzimni yumdim.
— I-i-i, anoyi-ey, kaftini desam, hovuchini ochadi.
— Mana boʻlmasa, — dedim aytganlarini qilib. (Ammo-lekin, nima ekan, deb ichim qurishib boryapti.)
— Bu boshqa gap, — dedilaru kaftimga... qoʻlomdek ogʻir, gʻadir-budir narsa qoʻydilar.
— Topdim, radyolni toshi! Oyi, togʻam tosh opkeptilar quloq radyolimizga. — Men suyinib-irgʻishlay ketdim va kaftimni yuma, chiroq yorugʻiga chopdim. Qarasam, chindanam, oʻshanday tosh! Kumushday yaltirab turibdi!
— Rahmat de, yoʻq yerdan topib keptilar, bolam. Men katta boʻlib qolganimni unutib, yana bir irgʻishladim:
— Rahmat, togʻajon! — Soʻng tokchadagi ditektorni titkilab, oʻlib qolgan toshini almashtirishga tushdim.

Oyim qoʻyarda-qoʻymay taxmondan yangi koʻrpacha olib yozgunlaricha radyolim qitir-qitirlab ishlay ketdi.
— Endi nuqul beshga oʻqiysiz-da, jiyan, — dedilar togʻam.
— Oʻqiyman! — Va’dani quyuq qilib yuboraverdim.
— Oʻnni a’loga tugatsang... shaharga oʻqishga kiritib qoʻyaman, — dedilar togʻam.
— Tugataman ham! — dedim-u, birdan oʻylanib qoldim. — Unda... oyim nima qiladilar? Yoʻq, oʻqishizga bormayman.
— Ana, xolos! — Oʻtirgan joylarida togʻam xandon tashlab kulib yubordilar. — Ha, aynib qolding darrov? Koʻzimiz ochigʻida oʻqib qolsang-chi?

Men yelka qisdim: Olim akamni joʻnatvorgan edilar, meni ham joʻnatsalar, bu yerda kim qoladi, oyimga qora boʻlib? Asol xolamga oʻxshab, shoʻppayib oʻtiradilarmi?

Togʻam gardanimga shapatilab, dashnom berdilar:
— Sen yelka qisma. Keyin tomiringda Ulugʻxoʻjaboylar avlodining qaysar qoni kezinsa ham, bundan tiyil. Bizning avloddan koʻp aytuvli odamlar chiqqan, lekin hammasini xarob qilgan, bilasanmi, nima?
— Nima? — dedim men.
— Oʻsha — qonimizdagi qaysar johillik! Uni tizginlay olmaganimiz!

Togʻam birdan nega nasihat oʻqib, tanbeh bera ketdilar, tushuna olmay oʻtirardim. Koʻzimni yerdan uzmasdim. Uzsam, battar tutoqishlarini bilaman.

Nihoyat, hovurlaridan tushib, bizni sevintirgilari keldimi, tantanavor dedilar:
— Men nimaga keldim, bilasizlarmi?!
— Bu yorugʻ jahonda bizga yaxshilik sogʻinadigan sizdan boʻlak kimimiz bor, Qoʻldoshxoʻja. Albatta, yaxshi gap, yaxshi xabar bilan kelasiz-da, — dedilar oyim topgan-tutganlarini gardin ustiga tashirkanlar.

Togʻam maqtovni xush koʻrar edilar, orqalaridagi yostiqqa yastanib, huzurlangancha:
— Opa, men sizlarni koʻchirib ketmoqchiman, — dedilar.

Oyim qoʻllarida choynak-piyola, uy oʻrtasida toʻxtab qoldilar.
— Qayoqqa, Qoʻldoshxoʻja?
— Kattabogʻga-da, opa, qayoqqa boʻlardi? Yurasizmi, qiynalib? Qavatimizda boʻlasiz. Ukangizning yonidagi joyni xatlatib qoʻydim nomingizga.
— Bu joylarimiz-chi? — dedilar oyim hamon oʻzlariga kelolmay.

Togʻam qoʻllarini aylantirib tushuntirdilar:
— Bu yerlar... Yakkabogʻ atrofidagi bari qoʻrgʻonlar buziladi. Buzib, ekin maydonlariga qoʻshib yuboriladi. Shunaqa qaror bor, opa. Sizga Qangʻlidan joy ajratib qoʻyishgan ekan.
— Oʻzimizdan soʻramasdan-a?
— He, opa-ya, shuncha joylarimizni olganda soʻrovmidi, endi soʻraydi? Endi ota-bobomning joyi edi, degan gaplariz oʻtmaydi. Qayoqqa sursa, oʻsha yoqqa qarab ketaverasiz.
— Urush paytiyam... shunaqa qilarkanmi? — dedilar oyim, ularning esi joyidami, degan kabi.
— Yoʻq. Oʻrtaga urush tushib, bu narsalar toʻxtab turibdi. Lekin erta-birisi kun tinchib olib, bari-bir koʻchiradi. Men katta pilonlarini bilaman-ku, opa. Undan koʻra, qavatimizga obketib olay.

Oyim endi joylaridan jilib, tashqariga qarab yurdilar:
— Mendan avval, ana Asol opamlarni opketib turinglar. Savobga qolasizlar.

Togʻam bir muddat yer suzib turib, yana ilkis bosh koʻtardilar.
— Opam... unamadilar, unasalar, qani edi. Oʻlaman sattor, Bahriddinim qaytmaguncha, hech qayoqqa jilmayman, deb oʻtiribdilar.

Oyim nimadir demoqchi boʻlib, bir qarab qoʻydilar-u, indamay chiqib ketdilar. Togʻam qoʻllariga bitta loʻppi jiydani olib, uning xol-xol qizil poʻstini tomosha qila boshladilar; avval kaftlariga olib salmoqlab, barmoqlari bilan ezib-ezib koʻrdilar. Keyin tishlari bilan etini ajratib, chimchilogʻdek uzun danagini gardin chetiga qoʻydilar. Unda chindanam alif bitiklari bir naqshday saflanib turar edi. (Beixtiyor jiyda gulining birdan yoʻqolib qolishini, kattalar, u danagiga alif yozdirgani hajga ketgan, deyishlarini esladim.) Togʻam xayollari qochib, yana bitta jiyda danagini yalangʻochladilar. Soʻng qarshilarida men oʻtirganimni koʻrib, hushyor tortdilar-da, kulimsiradilar:
— Xoʻsh, senam ketging yoʻqmi, jiyan?

Men nima deyarimni bilmay gangib qoldim. Koʻz oldimdan Yakkabogʻ, Mirjumon atrofidagi bogʻlar, mol boqadigan soylar charx urib oʻtdi birdan. Boʻsh qoldik deguncha, shabboxun urib ketardik bu joylarga. Keyin yolgʻiz xolam yodimga tushib:
— Biz ketsak, Asol xolam... nima qiladilar? Ulardan kim xabar oladi? — deb yubordim. Togʻam kaftlari bilan yuzlarini ishqab, kulimsiradilar:
— Shunday degin?
— Siz bilmaysiz, anuv kuni odam tushgani ustiga borib qolibmiz, — dedim hovliqib. Togʻam hayratlashdilar:
— Odam?..
— Oʻgʻri-da.
— Yoʻgʻ-e, indamadilar-ku menga? Qachon oralabdi? Kim ekan?
— Sultonmurod akammish...

Men bu gapni qanday aytib yuborganimni oʻzim qam bilmay qoldim.
— Sultonmurod? Oʻzimizning... jiyanimiz-a? — togʻamning koʻzlari qotib, qorachigʻi kengayib bora boshladi. — Yaramas! Men uni shunday qoʻyarkanmanmi?! Hali shoshmay tursin.

Men ichim shuvillab, kichkina tortib ketdim: aytib nima qilardim-a?

Choy koʻtarib oyim kirdilar.
— Zerikmaygina oʻtiribsizmi, Qoʻldoshxoʻja? Siz bir piyola choy icha turing, men ovqatga unnab yuboray.
— Mayli-yu... bu yogʻi qiziq boʻpti-ku, opa? — dedilar togʻam.

Men pusib ketarga joy topa olmay qoldim.
— Nima qiziq boʻpti? — Oyim choy quyishdan toʻxtab, menga oʻqrayib qaradilar. Men talmovsirab, sekingina uydan sirgʻalib chiqa boshladim.
— Opamlarnikiga odam tushganini aytaman-da. Eshitgan quloqqa yaxshi boʻlmabdi-ku.
— Ana shuning uchun ham bizni qoʻyaturib, u kishini koʻchirib keting. Savobga qolasiz, — dedilar oyim.

Men qiya ochiq eshik tagidan ketolmay turibman. Togʻam tizzalariga shapatilab, chuqur tin oldilar:
— Shuncha tushuntirdim, avrab bokdim, yalinib koʻrdim, qani koʻnsalar. Goh bib-binoyi boʻlib, «Men Mukarram pochchangning ruhini chirqiratib ketamanmi, qayoqdagi gaplarni gapirasan!», deb qoladilar. Goh aynib, yigʻlab beradilar. «Shu kecha Bahriddinginam keladigan. Oʻzi kelsin. Kelib kelinni chimildiqqa opkirsin, innaykeyin...», deydilar.
— Xudoning xohishi, nimayam qilaylik. Oʻzi sabr bersin ishqilib.
— Aytishga oson, — dedilar togʻam xoʻrsinib.
— Shukr qiling, Qoʻldoshxoʻja. Hammanglarni terib ketsa, nima qilardik biz?
— Oʻshanda nimagadir tegmovdi. Endi qoʻymaydi, opa. Bitta qoʻymay opketadi! — dedilar togʻam qandaydir alam bilan.
— Sizniyam-a, Qoʻldoshxoʻja? — dedilar oyim tash-vishlanib.
— Meniyam, Islom, Akrom, Isroilniyam chaqirib turibdi.
— Bitta suyanganimiz siz edingiz...
— Shuning uchunam... koʻzim ochigʻida koʻchirib opketay, opa.

Men «xoʻp demasinlar-da, devormasinlar-da», deb titrab turibman. Koʻngillari yumshab ketmasaydi, deb qoʻrqib turibman. Ich-ichimdan bir qaltiroq turib kelmoqdaki...

Shuncha tavallolarim ham bir boʻldi, oyimning bir ogʻiz soʻzlari ham...
— Unday boʻlsa, maylin, Qoʻldoshxoʻja...

Eshik kesakisiga suyanib turib edim, tizzalarim boʻshashib oʻtirib-la qoldim. Keyin — qancha oʻtdi — bilmayman, oʻsha ichimdan bir narsa kuydirib-toshib chiqa boshladiyu oʻzim sapchib turib ketdim. Koʻchagami, bir yoqlarga qochib boryapman-u, tomogʻimdan yigʻi aralash bir gʻalati xoʻngroq bosib kelyapti.
— Yoʻq-yoʻq, keragamas! Keragamas hech!..

Togʻam allamahalda qaytib ketdilar. Lekin men qimirlab ham qoʻymadim. Xayrlashmadim ham. Xuddi yer koʻtarmaydiganday qoʻshnining bogʻ devoriga chiqvolganman. Oʻtiribman miq etmayin, ming yil qidirganda topisholmaydigan joyda — tollar orqasida. Yana oyogʻimni osiltirvolganman. Juda botib ketsa, salanglatib qoʻyaman yo narigi tomonga oshirib olaman.

Oyim xavotirlanib, qidirib chiqmagunlaricha kirib borgim ham yoʻq: arazim shunchalik!

Chetidan bir burdasi ushatilgan nonday kemtik oy xolamlarning xaroba qoʻrgʻoni ustidan chiqib kelmoqda. Uzoqda yolgʻiz it akillab, xayolimni oʻgʻirlaydi. Tolzor koʻchamiz boshidagi koʻprik ostida qurillayotgan quruldoq ham hech tinadigan emas. Uning sasimi, nimadir ichimni sidirvoray deyapti. Bu yoqda koʻchib ketarimizning xabarini eshitgan kabi bahor kechasining tentiroq shabadalari oʻynoqlab-oʻynoqlab kelib, pyuhi roʻmoldayin mayin «kaftcha»lari bilan yuz-koʻzlarimni siypalab, ovutmoqqa boshlaydilar...

Men esam, togʻam opkelgan radyoltoshlaridan ham kechvorib (qoʻlim yetsa, uyga kirolsam, allaqachon it-qitvorgan boʻlardim), arazlab oʻtiribman. Ich-ichimdan xoʻrlikmi-xoʻrsiniqmi toshib kelmoqdaki, naryogʻi yoʻq. X,atto shamollar ham meni qoʻyib, tollar ustida huvillab, yigʻlamoqqa boshlaydilar.

Tavba, togʻam shuning uchun kelgan ekanlarmi? Ayniqsa, qilar ishni qilib qoʻyib, indamayin joʻnab k «borganlari, bir ogʻiz, u qani, jiyan qani, demaganlari hammasidan ham oʻtib tushyapti, alam qilyapti.

Ha, u kishi ketdilaru men qalamtaroshini, nainki qalamtaroshi, undanam azizroq narsasini oldirib qoʻygan bolakaydek boʻldim-qoldim. Mana, endi, koʻzim jiqqa yoshga toʻlib, kimsasiz bir kechada tolzor koʻchamizda tentirab yuribman. Safsargullar yakkam-dukkam xumchalay boshlagan oʻsha tashlandiq hovuz boʻylaridan, tomlariyu boʻgʻotlarini qizgʻaldogʻu chuchmoma oʻtlar bosgan kulbamiz atrofidan ketolmayman. Qizgʻaldoq oʻtlar shokila-shokila boʻlib xumchalab yotibdilar, ayni «qizmi-oʻgʻil» oʻynaydigan payt. Biz esa, ularni ochilishiga ham qoʻymay, buzar emishmiz, qoʻporib tashlar emishmiz!

Vo darigʻ, oʻzimiz buzganda shunchalik! Boshqa payt — majburlab koʻchirilganlar, ota yurtidan quvilganlar nima qilishgan ekan? Ne koʻylarga tushishgan ekan xolavachchalarim? Sultonmurod akam, Olim akamgilar?..

Mimit Buva

Sigirni chimzorga arqonlab, tol soyasiga yonboshlab olganman. Oqava ariqdan chopqillab tushayotgan kumushdek tiniq suv shaldirab, sadafdek koʻpiklanib yotibdi. Oʻsha yoqdan yovvoyi yalpiz hidiga qoʻshilib, bir salqin ufuradiki, qoʻyaverasiz. Soyami, oʻsha ariqdan urayotgan epkinmi xush yoqib, asta chimga choʻzilgim keladi. Choʻzildim ham. Yumshoq chimda huzurlanib bir dumalab oldim. Shunda boshim allanarsaga tekkanday boʻldi. Oʻngarilib qarasam, oʻqish kitobim. Boya tashlab ketganimcha, yotgan ekan. Bagʻrimni marzaga bosib, oʻrmonga kirib ketgan qaroqchi haqidagi hikoyatni oʻqiy boshladim. Bir payt Izzaning narigi yogʻidan birov chaqirib qoldi:
— Hov, eshon bola? Eshon bola-yov?..

Qarasam — Mimit buva. Oq-oppoq qaribam sigir boqishini qoʻymaydigan kishi. Siddiq arrakashning bogʻi pastidan oʻtgan soʻqmoqda turibdi. Juda xudojoʻy odam. Ozgina tekis joyga belbogʻ yoyib, mimitday boʻlib namoz oʻqib oʻtirganlarini koʻp koʻrganman.
— Assalomu alaykum, — deb ovoz berdim.
— Ha, oʻtmaysizmi bizzi tomonga? Zeriktirmangda odamni, eshon bola!
— Siz qatga qoʻngansiz? — dedim.
— Hov, anov tutning soyasidaman. Oʻting, otamlashamiz.

Bildimki, nimanidir ilinyapti.
— Hozir, — deya sapchib turib, pastga qarab yugurdim.

Mirqobil buva soʻzini ikki qilmay borganimgami erib ketib, qaltiroq qoʻllari-la bagʻriga bosib qoʻydi.
— Obbo eshon bolam-ey, katta yigit boʻp qopsiz-ku...

Bu odam togʻalarim tomonidan tushib, mol boqib ketishini bilaman, lekin kimning buvasiligini hech surishtirmagan ekanman. Bizga u «anuv buva» xolos. Noniga sherik boʻlganda elakishib turamiz-u, boshqa paytda parvoyimizga keltirmaymiz. Bilamizki, oq yaktak ustidan qavat-qavat belbogʻ bogʻlab, qishin-yozin kalishda yuradigan bu moʻmin-qobil chol boshqalarga oʻxshab bizni tergamaydi ham, soʻkib quvmaydi ham. Mushtdek boʻlib, bir chetda oʻyinlarimizni tomosha qilib oʻtirgani-oʻtirgan.

U kishining ola sigiri har yili mosh sepiladigan soylikning pastida arqonlogʻliq ekan. Oʻsha soylik Izzaga kelib tutashadigan joyda katta botqoqlik bor — biz sakrabam oʻtolmaydigan tashlama. Shuning chetiga kimdir bir vaqtlar qator qilib, uchta tutu bitta tol ekkan. Tagiga quyuq soya tashlab, odamni ohanrabodek chorlab yotibdi. Buva bilan ikkimiz borib, oʻsha yerga choʻkdik. Buva unnay-unnay belbogʻini yechib, chim ustiga yoyib qoʻydi. Bitta zogʻora nonu ustida bir siqim mayiz. Nonni sindirib, mulozamat qildi.
— Oling, eshon bolam, birga tamaddi qilamiz. — Keyin kalta kamzulining choʻntagini kavlashtirib, ikkita yongʻoq oldi: — Mang, eshon bolam, chaqib yuboring buni. Umarxoʻja buvangiz ektirgan yongʻoqlardan yeb koʻring.

Irgʻib turib, yongʻoqni chaqib keldim, lekin qulogʻim ostidan «buvangiz» degani ketmasdi. «Bu kishi bizzi buvalarni koʻrgan odam ekan-ku!..» Iyib ketib:
— Buva, sizdan bir narsa soʻrasam, maylimi? — dedim.

U kishi yelkamga qoq kaftini qoʻyib, iliq jil-maydi:
— Soʻray qoling, eshon bolam!
— Nimaga nuqul «eshon bolam» deysiz, buva?

Bir burda sap-sariq zogʻorani ogʻizga olib borgan joyida qoʻlini tushirdi.
— Eshon bola boʻlganingizdan keyin eshon bola deyman-da.

Buvaning erkalashi menga moydek yoqayotgan boʻlsa-da, ortiqcha hurmatining ma’nisiga baribir yetolmasdim. Buva holatimni sezgandek, yanayam tushuntirmoqchi yuoʻldi:
— Sayyidlarga yaqin turasizlar, axir.

Sutga qorilgan talqonday boʻy taratib turgan zogʻorani ham unutdim. Bu haqda oyimlardan eshitganlarim yodimga tushdi va Mirqobil buva goʻyo menga yoʻqotgan oltinimni topib berganday, quvonib ketdim.
— Siz buvalarimizdan qolgan oltin kitobni bilasizmi?

Buva daf’atan anglab yetmadi, shekilli:
— Qanday kitop? «Oltin» deysizmi, eshon bolam? — deb soʻradi.
— Ha-da, yetti pusht yozilgan kitob-chi.

Buva iliq jilmaydi:
— Shajara deng.
— Oʻsha-oʻsha. Koʻrganmisiz oʻshani? — dedim men irgʻishlagudek boʻlib.

Mimit buva boshini saraklatdi.
— Nega? Hozir aytib turuvdiz-ku?

Buva «e-e» deganday oʻng qoʻlini boshi uzra bir gʻalati sermab, entikdi:
— ...Ammo yaxshi eslayman, rahmatli Abdurahim eshon pochcha oʻsha shajaranglarni daraklatib bir narsalar topgan edilar. Koʻkaldoshda shahid ketgan Ulugʻxoʻja buvangiz haqida, u kishining mergan oʻgʻillari haqida koʻp gapirib oʻtirar edilar. Biz saboq olgani borib, eshitib qolganimiz shu, eshon bolam.

Men negadir hovliqardim:
— I-ya, mergan oʻgʻillari borakanmi? — dedim goʻyo ilk bora eshitayotganday. Soʻngra qarshisiga choʻkkalab, dedim:
— Oʻsha kitobni topsa boʻlarmikan?

U kishi boyagiday qoʻl sermadi.
— Qay-da!

Men endi bir uchini topdim deganimda, bu javobi gʻalati edi.
— U koʻm-koʻmlarda qaerlarga koʻmilib ketdi, kim bilsin, eshon bolam. Lekin... — deya buva nursiz, suzuk koʻzlarini jiddiy qadab, bir daqiqa jim qoldi.— Lekin ilohiy kitoblar bilan qoʻshib koʻmilgan boʻlsa, yoʻqolmaydi. Xudoyimning oʻzi asraydi. Yana oʻzi biladi, biz nimani bilardik.

Ajabo. Shuncha narsani biladigan odam, biz nimani bilardik, deb tursa. Shunday oq-oppoq, yuzlaridan ajoyib nurlar yogʻilib oʻtirgan odam... Onam aytib bergan Hizrning qiyofasidagi yoqimtoy chol... (Yuziga, koʻziga qarab oʻtiribman-u, bir narsaga chalgʻisam, xuddi yoʻq boʻlib qoladiganday xavotirdaman...) shunday odam ham bizning yoʻqolgan shajaramizni bilmasligi, bir hisobda, hafsalamni pir qildi. Lekin shajara haqidagi anuv gaplari ajoyib edi! Qaerga koʻmilgan ekan-a, eshon pochchaning oʻsha kitoblari?

Bir qarqunoq tepamizga uchib kelib, «qiyov-qiyov»lashga tutttdi. Hoʻv naridagi bedapoyada allaqanday sariq boshli jimit qushchalar sa’va kabi biri olib-biri qoʻyib, chuldirab yotibdi. Izzaning qayrilishida suv shaloplab-shaloplab qoʻyadi. Ba’zan shabada bogʻ tomondan jiyda guli hidinimi-ey, bir totli boʻylarni keltirib dimoqqa uradi. Koʻrinishdan mol boqishu namozini oʻqishdan boʻlakka yaramaydigan manavi Mirqobil buva har zamon «oling-da, eshon bolam», deb dasturxonga qistab qoʻyadi. Unga sari men qisinib-qimtinaman. Boshqa paytlardagi munosabatimni eslab, uyalib oʻtiribman. Buva bizni shunchalik kiftiga koʻtarib, «eshonbolam»lab tursayu men arzitib salom ham bermas edim-a.

Sigirim zorlanib ma’radi.
— Men boray, buva. Hali maktabga ketishim kerak,— dedim ruxsat soʻrab.
— Mayli-mayli, eshon bolam. Bizzi tomonlarga oʻtib turing shunaqa, xoʻpmi?

Men Izzaning tor bir yeridan hatlab oʻtib, yugurib ketdim. Shunday yengil edimki, qaldirgʻochday uchib ketsam mumkin edi. Ilgari bolalar bilan quvlashmachoq oʻynaganimda, Izza boʻyidagi katta tepalardan pastga qarab chopganlarimda shunday boʻlardi. Xuddi yelkamdan qoʻsh qanot oʻsib chiqqanday, uchib ketardim! Hech zogʻ tuta olmasdi! Endi biron kimsadan biron shirin gap, shirin soʻz, biron suyunchli xabar eshitsam, bas, hozirgiday ahvolga tusha boshlayman. Bir yoqlarga uchib ketgim kelaveradi, kelaveradi...

Moʻmin Togʻaning «Mehmoni»

Kitobni qoʻltiqqa urgancha, targʻilni yetaklab tegirmon yoʻlidan chiqib borsam, Moʻmin togʻaning qoʻrgʻoni oldida tumonat odam. Erkaklar soʻkingan, xotin-xalaj darvozaning jilovxonasiga tiqilvolgan. Hovuz boʻyiga toʻplangan tomoshatalab bolakaylarning-ku hisobi yoʻq. Kimning qoʻlida soʻyil, kimnikida gavron.

Sigirni oʻrikka bogʻlab, oʻsha yoqqa yugurdim.

Ayrimlar tol tomonga xezlanib-xezlanib boradi-yu, oʻrtadagi Moʻmin togʻadan oʻtolmay qaytadi.
— Hoy, chirogʻlarim, oʻldirib qoʻyasizlar. Buyam xudoning bandasi.

Ammo Rahmatilla birgad ketmon dastani boshi uzra sermab, shangʻillaydi:
— Shu gal oʻrtaga tushmang, togʻa. Bularning bari bir goʻr: ayaganingiz sari koʻzga choʻp soladi! Qoʻyib bering, onasini Uchqoʻrgʻondan koʻrsatvoraylik.

Yaqinroq bordim. Ariq boʻyidagi ichi chirib tushgan tolga yoqavayron, boshyalang bir odamni arqon bilan chirmab tashlashibdi. Oʻlasi qilib urishgan shekilli, boshi koʻksiga osilib yotibdi. Gardanu yelkalari moʻmataloq.

Oʻzim tengi bir boladan sekin shipshib surishtirdim:
— Nima boʻpti?
— Tom teshgan ekan, tutib olishibdi, — dedi u koʻzini chirmalgan odamdan uzmay.
— Bekor aytibsan, devol oshib tushganakan. Oʻzi aytdi-ku, eshitmadingmi? — dedi yonida turgan boshqa bir bola.
— Kuppa-kunduzi-ya?
— Hamma dalaga ketganini poylaganda bular?
— Sherigiyam borakanmi?
— Ha, ammo oyogʻi chaqqon ekan, survoribdi.
— Rostdan-a?
— Tolzor koʻchada ketvotkanini koʻrishibdi. «Tolzor» bizning koʻcha edi. Beixtiyor ichimga choʻgʻ tushdi. Asol xolamlarnikiga oʻgʻri tushganini esladim. Nahot?..
— Kim ekan? — deb soʻradim qoʻrqa-pisa.
— Bilmadim. Sherigini sotmayapti, — dedi Aliakbar oʻgʻrining ogʻzi mahkamligiga besh ketib. — Oʻgʻri boʻlsayam zoʻr ekan!

Mening xayolimda esa, bir ism: «Nahotki Sultonmurod akam? — deyman. — Uzi qolib, sherik boshlab keptimi endi?.. Boʻlakdir-e, oʻlibdimi?!»

Bu orada yigitlar yana norozilanib, qiziqqonroqlari shangʻillay ketishdi:
— Qoʻyib bering-da, togʻa. Shahdimizni oʻldirmang-da.

Sal yoshi kattaroqlari boʻlak taklif qilishdi:
— Jilla qursa, eshakka teskari oʻtkazaylik. Koʻchani bir aylantiramizu keyin qoʻyib yuboramiz.

Moʻmin togʻa egnida yashil toʻn, boshida kichkina salla, hassaga tayangancha oʻgʻriga «qalqon» boʻlib turibdi. Aftidan, chekingisi yoʻq. Qoʻyib bersa, odamlar bechorani tilka-pora qilib tashlagudek alpozda.
— Qoʻyinglar, chirogʻlarim, bir adashib kepqopti bu mehmon bolam.
— Adashibdimi? Mehmonmi bu, togʻa? — deb yigitlar kulishdi. — Nasibasini yeb ketsin boʻlmasa.
— Yedi-edi, qorni ham toʻydi. Endi bu yoqlarga boshqa yoʻlamaydi, — dedi togʻa.

Rahmatilla birgad yana oʻrtaga chiqdi.
— Hali gunohini ham tilab olarsiz? Ilgarigi zamon boʻlsa, birovning moliga choʻzilgan qoʻllarini chopib tashlardik! — dedi u xuddi boltasi bor odamday azot qoʻl siltab.
— Hoziram chopish kerak! Bittasini ibratga chopsak, hammasi in-iniga kirib ketadi, — dedi Haybat akam bilagʻonlik qilib.
— Hozir boʻlak davr-da, — deb qoʻydi bir chekkada, katta toʻnka ustida tamaki oʻrab oʻtirgan poʻchtachi Mirhomid amaki.
— Boʻlmasa, boshini silab, yara-chaqasini bogʻlanglar-da, uzr soʻrab, javob berib yubora qolinglar! — deb kesatdi Haybat akam.

Ammo Moʻmin togʻaning parvoyi palak. Soʻzidan qaytadigan siyogʻi yoʻq edi.
— Hech narsamizni olmagan ekan, biz gunohidan kechdik, endi tarqalinglar sizlar ham, — dedi qat'iy kesib.
— Xoʻp, biz rozi, — dedi Rahmatilla birgad, — faqat sherigini aytsin, qoʻyvormagan nomard.

Shu payt Haybat akam dabdurustdan:
— Ha-ha, soʻrab boqing, balki Sultonmurodni tanir, — deb qolsa boʻladimi. Mening gʻashim keldi: zoʻrlab boʻyniga qoʻya qolinglar bundan koʻra! Yoki Haybat akam rostdan ham bir narsani biladimi?

Moʻmin togʻa hassasini qoʻltigʻiga qisib, oʻgʻriga oʻgirildi:
— Nima deysan, mehmon bolam? Ayt-da, qutul-ket bulardan.

Chandilgan odam bosh chayqab, nimadir dedi. Ovozi tashiga chiqmadi ham. Rahmatilla birgad shovqin soldi:
— Joning bormi, hammaga eshittirib ayt! Bu gal arang mingʻirladi:
— Yolgʻiz oʻzimman.
— Yolgʻizsan-a, yolgʻizsan! Kimni laqillatmoqchisan! Mana senga, oʻgʻri!

Qanaqqib aylanishib borib qoldi — bilolmay qoldim: Haybat akam uning yuziga qulochkashlab tortib yubordi. «Mehmon»ning boshi ikki aylanib ketdi-yov. Biz bolalar qoʻrqqanimizdan «huv-v» tortvordik. Yana bitta urganida bormi, boshi sapchadek uzilib ketarmidi?!

Moʻmin togʻa hassasini koʻtarib, Haybat akamni quvib berdi.
— Qoch badbaxt! Qachondan beri yiqilganni tepadigan boʻlding?!
— Uzr, togʻa, uzr. Oʻzimni tutolmay qopman, uzr, — Haybat akam qoʻlini koʻksiga qoʻygancha, tisarildi.

Endi Moʻmin togʻaning rostakam jahli chiqdi:
— Boringlar hammang! U senlarnikiga kelganmi, menikagami? Namuncha bagʻritoshsanlar?!

Boyadan beri shangʻillab, hech kimga soʻz bermayotgan Rahmatilla amakiyu Haybat akamlar damlari ichiga tushib ketdi. Odamlar jim-jim tarqay boshladilar.

Poʻchtachi Amaki

Biz bolalar tomoshaning tez tugab qolganidan afsuslanib istar-istamas jilarkanmiz, yoʻl yoqasidagi toʻnka ustida har doimgidek miyigʻida kulib oʻtirgan quv poʻchtachi amaki kutilmaganda shart tashlandiyu bittamizni tutib oldi. Soʻngra «Chini-mini, xoʻp!» deb qoʻlini oʻynata-oʻynata oʻsha bolaning qoʻyniga tiqdi-da, u yerdan bir narsa chiqardi. Qitigʻi kelgan sherigimiz qiqir-qiqir kulib, qiyshonglab turardi.
— Mang, polvon bola, soʻrib koʻring-chi, suzmangizdan qanaqa qurut chiqibdi!

Qurutni koʻrib, hammamiz oʻralashib bordik.
— Qaniy? Qaniy?..

Bola qurutni hayratlanib ham ikkilanib oldi. Kaftida aylantirib, rostakammi, yolgʻondakammi ekanligini to bilguncha... bir olgʻir chovut solib, olib qoʻydi va shu zahoti ogʻziga tikdi.
— vooy, zoʻr-ku, qaymoqning oʻzi! — dedi koʻzini suzib.

Buni koʻrib, qolgan bolalar ham Mirhomid poʻchtachini oʻrab oldik:
— Mengayam bering...
— Mengayam «chiqarib» bering.
— Jo-on amakijon...

Amaki birdan yayrab ketdi va tamakisini chetga itqitib, kimga qurut, kimga yongʻoq, kimga esa mayiz chiqarib bera boshladi. Qizigʻi shunda ediki, u «Chini-mini, xoʻp!» deb turib, kimning boshi, kimning gardani, yana qay birimizning biqinimizdan biror narsa «paydo qilar», har gal bizlar shod qiyqirar edik. Hozirgina roʻy bergan hodisalarni — Moʻmin togʻani ham, shaharlik «mehmon»ni ham, haligi mojarolarni ham unutib yuboray debmiz.

Koʻzirlar

U yoqda Moʻmin togʻaning daroz kampirlari bir kosa ayronmi, qatiqmi koʻtarib chiqqan, endi chol-kampir «mehmon yigit» ustida oʻlib-tirilib yotishar edi. Adol opoqining doʻrillagan ovozlari bizgacha eshitilib turibdi.
— Hoy bolam, manavini bir simir. Ichginang uzilib ham ketgandir sanginani. olol, xolang qoqindiq.

Togʻa uni toldan yechar-echmas Adol opoqi hali uning moʻmataloq yelkalarini silab, hali yoqalarini toʻgʻri-laydi. Oʻzicha javrab, kuyib-pishadi:
— Kel-kel, qaddingni koʻtaraqol, xolang boʻyginangga qoqindiq. Ol buni. Malham boʻlsin. San koʻr-man koʻr boʻlib ketgin, ilohim.

Shaharlik oʻng qoshi ustiga tushib borayotgan sochini selpib, kosani oldi va qoʻshqoʻllab tutgancha, yutoqib icha boshladi. Oʻziyam boʻlari boʻlib, ichginasi kuyib ketgan ekan, qatiqni bir koʻtarishda sipqorib, huzurlanib turib qoldi.

Men unga qarab, qotib qopman. Ajabo, u qatiq ichdimi yo boshqa bir shifobaxsh narsami ichdi! Bir kosa qatikdan odam shunchalik tirilib qoladimi? Koʻzlarimga ishonolmasdim. Boya kaltak ostida shuncha kichkina tortib ketgan ekanmi, qarshimda oyoq-qoʻllari uzun-uzun, oʻzi nortuyadek besoʻnaqay, daroz odam boʻy rostlab borar, uning lablari doʻrdoq-doʻrdoq, burni ham oʻqlogʻidek bor edi. Faqat, hadeb qoshi va koʻzi ustiga sirgʻalib tushib borayotgan sochini demasa, oʻgʻri siyogʻi yoʻq.
— Mana, xola, temirga suv bergandek boʻldiz! — dedi u axiyri kosaning yuqini ham qoldirmay.

Adol opoqi yayrab ketdi:
— Xolang aylansin, qatiq osh boʻlarmidi, uyga kir, uyga. Sanga loyiq biron narsa toparmiz.

Togʻa ham qaytib, ichkariga qistay boshladi.
— Yur, mehmon bolam, jilla qursa, bir piyolagina choyimizni ichib ket.

Shaharlik xijolatga botib iljaydi. Lekin holati shundayki, yana sal qistashsa, kirib boradigan. Mayli, bugun sizlarga oʻgʻil boʻlaqolay, buyuring, oʻtiningizni yorib beraymi, oʻgʻiringizni yanchishib yuboraymi, deb ergashgudek. Shunaqa erib turibdi.

Ammo shu tob Izzadan chiqaverish yoʻldagi Qorovultepa orqasida chang-toʻzon koʻtarilib, aravaningmi, nimaningdir shaldiragan shovqini eshitildi. Va hech qancha oʻtmay, tepa orqasidan qoʻsh otli uzun arava otilib chiqib, toʻgʻri shu yoqqa bostirib kela boshladi.
— Uni qaranglar, bollar, uni qaranglar! — deb qichqirib yubordim.

Chindan ham ularning keluvi, keluvidan ham burun arava ustida turib olib, qiv-qivlab qichqiruvlari bir gʻalati edi.
— Parpining chapanilari-ku, — dedi poʻchtachi amaki oʻtirgan yerida.
— Voy, rostdanam oʻshalar!

Gurra qoʻzgʻolib, oʻsha yoqqa yugurdik. Men hammadan orqada edim. Negadir anuv shaharlikdan koʻzimni uzmasdim. «Qochsa-chi, bir yoqqa urib keta qolsa-chi!» derdim. Qayoqda, qilt etmay turibdi. Men ham beixtiyor toʻxtab, uni kuzata boshladim.

«Mehmon» aravani koʻrgach bir sergak tortdiyu nima gapligiga tushundi. Na oʻtakasi yorildi, na qaltirab qoldi. Qaytaga tiyraklashib, Moʻmin togʻaga yaqinlashdi. U kishining yelkalaridan yengil quchdi-da, quloqlariga bir nima deb, soʻng anhor yoqalab tisarila boshladi.

Adol opoqi ichkaridan hayhaylab chiqib keldi:
— Hay bolam, qayoqqa borasan? Kir bu yoqqa, roʻpara boʻlma shularga.
— Mayli, xola, xijolat chekmang, — dedi u va ayqirib oqayotgan anhordan qoplonday sakrab oʻtib, hovuz boʻyiga chiqib bordi.
— Voy, sani qara-yu. Tayyor joy turib... — degancha qolaverdi Adol opoqi. Soʻng choliga qaradi: — Hoy, chaqirsangiz-chi uni haliyam...

Hassasini doʻqillatib, Moʻmin togʻa anhor yoqalab boraverdi:
— Hamonki uyga kirmading, ana, masjidga oʻt. Xonaqoga kirib ket, bolam. Xudoning uyiga bostirib kirolmaydilar, bor, — deb qistay boshladi.

«Mehmon» aravadan koʻz uzmay, qiyamalab-lapanglabroq borarkan, togʻaning koʻngillari uchunmi, bosh silkib, bir nimalar dedi. Lekin oʻzi masjid qolib, katta koʻchani kesib oʻta boshladi.

Bu orada shaldirab kelayotgan qoʻsh otli arava oʻrikzordan oʻtdi. Yoʻl chetiga tizilishgan bolakaylar gurra unga ergashdilar. Bunga sari arava ustida turvolgan yigitlar (nima balo, rosa qimizxoʻrlik qilib yotishganmi) qiyqirib, otlarni battar tezlashadi. Aravakash tizginni silkilagani yetmaganday, arqon uchini boshi uzra qamchiday chir aylantirib, shotiga chars-chars uradi.
— Ha-a, jonivorlar! Qadami shamoldan tezlar! — deb qiyqiradi.

Mening ichim toshib boryapti. Qorasini oʻchirsa, oʻchirib keta qolmaydimi anuv shaharlik! Qodir amakining devoridan lippa oshsa-ku, olam guliston! Hech boʻlmasa, Mirhomid amakinikiga urib ketmaydimi!
— Eh, qaysar-a, — deb togʻa ham yarim yoʻdda toʻxtadi, — boshiga yana tashvish sotib olyapti.

Adol opoqi lippalarini tushirgancha jovullab koʻchaning oʻrtasiga dovur tushib bora boshladilar:
— Hoy chol, hoy Toʻlavoy, bu yoqqa qarang. Qaytaring bu yer yutkurlarni. Bir baloni boshlamasinlar, axir.

Men oʻtakam yorilib, oldilariga uchib bordim.
— Qoching, opoqi, qoching. Toʻxtasa, oʻzi toʻxtaydi,— deb baqirdim.

Yaxshi ham chopib tushganim: otlar hurkib, aravani bedapoyaga surib ketdilar va biz qutulib qoldik. qolaversa, aravadagilar to oʻzlarini oʻnglab olguncha boyagi shaharlik yetadigan joyiga yetib oladi, deb suyundim. Lekin qaerda!

Xirmontepaga ketadigan koʻcha yoqasida, anhor boʻyiga chiqib, bemalol yuzini chayayapti. Har zamonda bu yoqqa kdrab-qarab qoʻyadi, xolos. Shoshmaydi ham, qochmaydi x,am. Rosa dardi bedavo ekan-ku bu odam!

Xayriyatki, haligi hovliqmalar hozircha shaharlikni koʻrishgani yoʻq. Aravadan sakrab-sakrab tushib, otlarning boshini qayirish, bir amallab koʻchaga olib chiqish bilan ovoralar.

Ular aravani qaytarib chiqqanida shaharlik bir hatlab anhordan oʻtgan, Qodir amakining nahrali deioriga qarab yurgan edi.

Nahradan oshib oʻtsa, qutuladi. Ammo u nahraga oorib toʻxtadi, choʻntagidan bir narsa olib, bamaylixotir tamaki oʻray boshladi. Ana xolos!

Bu orada yaktak ustidan toʻn kiyib, qiyiq bogʻlagan qizil etikli chapani yigit gʻoʻddayib, togʻaning oldiga chopib keldi.
— Hov amaki, qani mehmoniz? Yo qochirvordizmi? Togʻa yoqtirmaygina:
— Oʻzing kimsan? Seni kim chaqirdi bu yerga? — dedi.
— Bizmi? Parpining yigitlarimiz. Tanimadizmi? Togʻa unga boshdan-oyoq razm solib, kesatdi:
— Xonning chopari emasakansan-ku, shundoq gapiravur-da. Xuddi men Parpingni bilmaydigandek.
— Bilsangiz, biz sizzi himoya etip keldik. Yakka-boqqa besoʻroq kirganni koʻrsating bizga. Oyogʻini sindiraylik biz! Qani u? — dedi hamon balandddn kelib.

Moʻmin togʻa javob berguncha boʻlmay, bir bolakay hovliqib koʻrsatib yubordi.
— Ana-ana! Koʻchaning nari yogʻida! Oʻtib ketdi sizlarni koʻrib...

Tizgin boʻshalib, arava jildi. Yigitlar ikki yoqdan «mehmon»ni oʻrab boraverishdi.

Adol opoqi qargʻanib, jovullab berdi:
— Ordona qolsin Parping! Endi himoyachi boʻp qoptimi?

Uchinchi yigit aravani koʻchaning boshiga burib, tusha boshladi. Bungacha qizil etiklisi koʻprik ustidan oʻtib, qaynamaning narigi boshiga yetdi.

Biz ham hovuz boʻyi bilan katta koʻchaga chopdik. Erta koʻklamdayoq kesilib, xodasi ishkomga ishlatilib ketgan tollar tekis koʻklab yotibdi. Taglariga savat koʻtargan xotinlarning soyasiday soya tashlagan.

Biz oʻzimizni shu soyalarga olib, koʻzirlarning olishuvi qanaqa boʻlishini poylab oʻtiribmiz. Birinchi boʻlib qizil etikli yigit chiranib bordi. Toʻnining bir barini belbogʻiga qistirib olibdi.
— Yaxshilikcha oʻt baqqa, xoʻv hezalak, — dedi hali koʻprik ustidaligidayoq.
— Kerak boʻlsa, oʻzing oʻt. Oʻtib koʻr, — deb javob qildi shaharlik ham. U oʻsha-oʻsha tamakisini buruqsitib, nahraga suyalib turardi.
— Oʻtsam, qoʻrqamanmi sendan! Gavdangga ishonma, bukri tuya. Sen loʻk-loʻk etguncha... — deb kuldi qizil etikli. Uning tutamagan gapini bu tugatdi:
— ... men dumingni tugaman-qoʻyaman!

Qiqirlab kulib yubordik. Qizil etiklining ori keldimi, bizga bir oʻqrayib qaradi-da, jahl ustida tisarilib, anhordan bir hatlagan edi, ancha nariga borib tushib, munkib ketdi. Shunda shaharlikka Xudo berdi. Tamakisini qayoqqa itqitdi, qizil etiklining tepasida qanday paydo boʻldi — koʻrmay ham qoldim. Koʻrganim — toʻniyu yaktagidan qoʻshib, gardanidan azot koʻtarib turar va boyagi chiranchiq uning qoʻlida mushuk boladay tipirchilar edi.
— Qoʻyvor, nomard, gʻirrom ekansan. Mard boʻlsang, oʻrtaga chiq, oʻrtaga, — deb xirillardi u.
— Bittalab suvga pishaman hammangni! Itning bolasiday vakanglab qochmaganingni koʻraman! — Sha-harlik mehmon shunday deb qizil etiklini bir itqitgan edi, anhor oʻrtasiga shaloplab tushdi va anchagacha oʻzini oʻnglay olmay qoldi.

Biz oʻrnimizdan sakrab tura, qay birimiz koʻprik ustiga, qay birimiz narigi betga zingʻilladik.

Ammo shu top aravakash koʻprik ustidan oʻkday uchib borib, shaharlikning orqasidan chunonam kalla qoʻydiki... Oʻldi, deb yubordim men. Ammo shaharlik oʻzini goʻllikka solib turgan ekan, ustalik bilan bir chap bergan edi, aravakash demagani peshonasi bilan yer suzib tutttdi va ingrab yubordi. Shaharlik uni ham gardanidan boyagidek dast koʻtarib, anhorga itqitdi. Ayni shu damda uchinchi sheriklari oʻqday yetib kelib, oʻxshatib tushirib qoldi. Biz azbaroyi qoʻrqqanimizdan uluv tortib yubordik. Kasofatning zarbasi qattiq boʻlgan shekilli, shaharlik uch oʻmbaloq oshib ketdi, lekin oxirgi daqiqada koptokdek sakrab turdi va uchib orqasiga qaytdi. Chapani hatto esini yigʻib ulgurmadi. Shaharlik uni boʻksasi bilan chunonam tur-tib, uchirib yubordiki, uch metrcha nariga borib tushdi. Bu bilan kifoyalanmay, ustiga bostirib bordi-da, ordan dast turgʻazdi va chap qoʻlining orqasi bilan dahaniga bir tushirib edi, chapani deganining esi ogʻib, orqa-oldiga qaramay qocha boshladi.
— Qanisan qolganing! Bittalab qiymalayman endi! — deb yer tepindi shaharlik gʻazab ichida.

Sheriklariga shuning oʻzi yetarli boʻldi. Suvdan chiqa, qochib berdilar. Shaharlik qochayotganlarning ketidan uch-toʻrt qadam quvib ham qoʻydi:
— He, ustozingdan oʻrgildim sen hezimlarni! qoʻlimga tushlaring, nima qilarkanman!

Ulardan biri jon holatda aravaga tashlanib, tizginni qoʻliga oldi. Qizil etikli ham, boshqasi ham itirmon koʻchaga burilgan arava orqasidan chopdi.
— Hoy, shoshma, doʻpping qoldi, olaket, — deb atay hazillashdi poʻchtachi.

Biz xaxolab kulib yubordik.

Bu Kun Qanday Kun Oʻzi

Bolalar chugʻurlasha boshladi:
— Qoyi-il!
— Zoʻr ekanmi! Bir oʻzi uchtasiga bas keldi-ya!
— Ammo-lekin qotirdi. Ana, yigitning guli! — dedi kulib poʻchtachi Mirhomid amaki. Soʻngra shaharlikka yuzlandi: — Bu quturganlar oʻzini shu dahaning koʻziri biz deb biladi. Sen, uka, yaxshisi bular bilan oʻchakishma, bular xudoning boshli-koʻzli bir balosi.

Bu orada Moʻmin togʻa ham shu yerga yetib kelgan edi. Shaharlik chittonni yana yoʻlga solmoqchi boʻldi:
— Mirhomid toʻgʻri aytdi, mehmon bolam. Yo tez ketib qutul, yo mening aytganimga kir. Ma’qulgina yigit ekansan. Xoʻp de, bizgayam jabr qilma, oʻzinggayam, — dedi yalinchoq ohangda.

Shaharlik anhordan hatlab bu qirgʻoqqa oʻtdi.
— Jabr deysizmi?
— Ha-da, ular u yoqdan hali nechtasini boshlab kelar, sen ham bu yoqda qarab turmassan, ikki oʻrtada qirgʻin chiqadimi? Qoʻy, kimga kerak bu mashmasha? Oʻrtada qon toʻkiladimi? Eshitgan quloqqa yaxshimas. Qolaversa, musulmon farzandisizlar. Murjumonda shunaqa ish boʻpti, desa, bizga uyat.
— Unaqa niyatim yoʻq, ota. Sizlarni uyatga qoldirguncha... Oʻlganim yaxshi, — dedi u kutilmaganda.
— Sen shunaqa deysan, lekin Parpi — Parpi-da. Bekorga bebaxt deb atabmizmi? — dedi Mirhomid amaki.
— Bebaxt? — Shaharlik goʻyo muhim bir soʻz eshitganday sergaklanib, bir poʻchtachiga, bir Moʻmin togʻaga qaradi. Koʻzlari yarq ochilgan, yuzlarida esa, bir gʻalati ifoda — xijolatmi-ey, uyatmi-ey...
— Asli badbaxt, lekin odamlar uni bebaxt atab yuborgan.
— Oʻziyam biladimi?
— Bilmay nima?! Lekin koʻksi kirlab ketgach, or nima qiladi? Nomus nima qiladi unda? — dedi Moʻmin togʻa hassasining uchi bilan yer chizib. — Iymon ham unaqa koʻkrakni tark etadi, boʻtam.
— Unda, bunaqa kimsaning jazosi nima, ota?

Biz bolalar hamon tomoshabinmiz, uning gaplariga hayron qolib, miq etmay turibmiz.
— Bunaqa odamning betiga u dunyoda Xudoyam qaramaydi. Bu dunyoda it oʻlimini topib ketadi, agar vaqtida koʻksini haromdan tozalamasa. Xudoyimning kalomi oʻtirishib, iymoni qaytib kelmasa. Harom mol, harom rizq shunaqa yomon narsa, — dedi togʻa.

Shaharlik bir zum gʻalati oʻyga tolib qoldi va keskin boshini koʻtardi.
— Tavbayam... foyda bermaydimi? — dedi koʻzlari javdirab.
— Nega foyda bermasakan? Tavbadan ulugʻ narsa bormi dunyoda?! Xudoyim oʻz nomi bilan gʻofurur rohiymdir.
— Agar odam oʻldirgan, talagan, birovlarni qon qaqshatgan boʻlsa hammi?
— Qaytib bu koʻchaga kirmaslik sharti bilan, joiz. Xudoyimning dargohi keng, tavba qilgan bandamning gunohidan oʻtaman, degan haq va’dasi bor. Tavbaning erta-kechi yoʻq, oʻgʻlim.
— Unda duo qiling, ota, — dedi shaharlik kutilmaganda qoʻlini ochib.

Biz hayron qoldik. Hatto Moʻmin togʻa shoshib qoldilar.
— Ha, boʻtam, qayoqqa shoshmasang?
— Boray, — dedi u achchiq jilmayib, — Oʻshalaringizga yoʻliqib, yana gunohkor boʻlib yurmay.
— Oʻzing bilasan, mehmon bolam, — deb togʻa hassasini bilaklariga ildilar-da, qoʻllarini ochib qiblaga qarab duo qila boshladilar. Uzoq duo qildi. Lablariga titroq kirdi. Duoga ochilgan barmoqlariga titroq kirdi.

Qoʻshilib, biz ham yuzimizga qoʻl tortdik. Koʻrib turibman, shunday qahri qattiq shaharlik ham allaqanday mutaassirlanib turib qolgan edi.
— Rahmat, buva, — dedi oʻsha-oʻsha ta’sirlangan ovozda, — rozi boʻling... hammasiga.
— Rozi boʻlmay nima! Roziman, — dedi togʻa, — yaxshi borgin.
— Yaxshi qoling. — U boshqa hech nima demay, anhor yoqalab, Xirmontepa tomonga keta boshladi.

Poʻchtachi amaki uyiga kirib ketdi. Togʻa hovuz boʻyidagi kichkina masjidga qarab yurdi. Biz esamiz, chagʻir-chugʻur bilan bir-birimizni urib-engib, boyagi jang tafsilotlariga tushib ketdik. Bir oʻzi uchtasini chalpak qilib tashlagan odamni umrimiz bino boʻlib koʻrmagan edik. Koʻrish qayoqda, eshitmagan ham edik. Birimiz olib, birimiz qoʻyib yotsak, bilmayman, qancha vaqt oʻtgan (ishqilib, Moʻmin togʻadan duo olgan mehmonning qorasiyam koʻrinmay ketgan edi), Tegirmonkoʻchada ot choptirib kelayotgan otliq koʻrindi. Kim boʻldi ekan, deb yana shoshib qoldik.
— Parpi bebaxt-ku?! — deb vahima qildi kimdir.
— Ha-ha, boya koʻruvdim. Tegirmonning tepasidagi shiyponda maishat qilib yotishuvdi ular, — dedi boshqa sherigimiz.

Biz gurillab hovuz boʻyiga chopdik va tollarga suyanib oʻzimizni goʻyo panaga oldik. Ovozlarimiz oʻchdi, tollarga qapishib ketdik. Nafasimiz ham ichimizga tushgan. Hazilmi, qarshimizda biz nomidan ham qoʻrqadigan oʻgʻriboshi... Ustiga egar ham urilmagan otni qichab kelayotir.

U Haybat akamchalik haybatli boʻlmasa-da, asov ot ustida qoʻndoqdek oʻtirib, uni chapdast choptirib kelar, yupqa toʻnining barlari qush qanotidek shamolda pirpirar edi.

Otliq katta koʻchaga yetib-etmay jilovni bir tortgan edi, ot tuyoqlari ostida yer qarsillab, changib ketdi, oʻzi boshi qayrilib chir aylandi. Otdan ham burun egasining vajohatidan qoʻrqqulik edi. U atrofga olazarak nazar tashlab, bir tirik jon izlar, lekin koʻziga qon quyilganmi, hech nimani koʻrmas edi.

Keyin birdan koʻprik ustida oʻzicha valdiranib turgan Mirzarahimni sezib qoldiyu otning boshini oʻsha yoqqa burdi. Uni tanidimi-yoʻqmi, bilmayman, lekin ot bilan toʻgʻri bostirib borib:
— Qani u zoʻr? Qayoqqa pusib ketdi, ayt, — deb oʻdagʻayladi.

Mirzarahim nimani koʻribdi?! Endigina uyidan chiqqan boʻlsa?!. Qolaversa, unga hammasi baribir — Parpi oʻgʻri boʻladimi, Homid rais boʻladimi, ogʻziga kelganini qaytarmaydi. Hozir ham dabdurustdan labining chetida yarim ishshaygancha oʻzicha qoʻl silkilab:
— Qayoqqa ketardi, ketti, qaytib boʻpti, — dedi, — tamom-vassalom.

Oxirida hihi deb kulib ham qoʻydi.

Koʻrib turibman. Parpi bebaxtning jahli boshiga tepib, boʻgʻriqib ketdi. Mirzarahim bechorani qamchilay ketmasa deb turibman. Yoʻq, tagidagi ot tipirchilab, u otga alahsidi va jilovni qoʻsh qoʻllab tortib soʻkindi.
— Oʻgʻri qayoqqa ketdi deyapmai senga, qanaqa galvarssan?
— Ket-ti, Choʻponotadan nari ket-ti. Boravuring, yetvolasiz.

Biz angrayib turarkanmiz, Mirzarahim oʻzi qaysi xayolda, Choʻlponotaning yoʻlini koʻrsatdi-yubordi.
— Shunday demaysanmi, esi past! — dediyu Parpi oʻgʻri otining boshini katta yoʻlga burib, qamchi bosdi. Ot tuyoqlari ostidan chang sachratib, tuproq koʻchadan chopdi. Biz koʻcha oʻrtasiga — Mirzarahimning oldiga tushib borib, har chekkadan alqay ketdik.
— Boplading, Mirza! Qoyilmiz senga!

Bolalar uning uzun-uzun qoʻllariga osilib, yelkalariga qoqisharkan, u ta’sirlanib ishshaydi:
— Rost-da, okam hali qaytmaydila...

Tavba, dedim men yoqamni ushlab, hamma nima gʻamda-yu, u kimni aytyapti? Yana vaqtida buning roʻpara boʻlishi-chi?! Qanaqa tasodif bu?

Sekin tarqalisha boshladik.

Men sigirni uyimiz orqasidagi qantak oʻrik tagiga qoziqlab, eshikka chopdim. Tambani surib tashlab, kitob-daftarlarimni olgani ichkari uyga yugurdim. Kirdim-u, kirgan joyimda qotdim. Uy oʻrtasida, arslonning oʻligiday choʻzilib, birov yotar edi! Boshi ostida bitta yostiq, oʻzi taqir gilamga yuztuban choʻzilgancha uxlab qolibdi.

Qoʻrqa-pisa aylanib oʻtib, yuziga qarasam... Sultonmurod akam!

E qoyil! U yoqda sherigini (agar sherigi boʻlsa) Parpi bebaxt demaganlar yanib-izlab yuribdi, bu yoqda bu kishim uyquni urib yotibdilar!

Men maktabga ketvorishimniyam, dalaga — oyimning oldilariga chopishimniyam bilmasdim.

Tun Poshshosi

Oʻpkam ogʻzimga tiqilib, maktabga yetib borsam, allaqachon hamma sinf-sinfiga kirib ketibdi. Hovlida bola zoti yoʻq. Lekin bizning sinfdan allaqanday gʻovur-gʻovur keladi. Muallim Said Gʻani domla yoʻq ekanlar, bir sinf bolani bitta darsxonaga qamab qoʻyishibdi. Chagʻir-chugʻur avjida: kim gurpaklashib, kim gap talashgan, nakd bozor. Eshikni shart ochib, Said Gʻani domladay, pang ovozda:
— Salom, bolalar! — dedim. Hamma joy-joyiga chopib, tikka boʻldi. Beixtiyor:
— Salom, ma’lim! — deb yuborishdi.

Keyin aldanganlarini koʻrib, har chekkadan talay ketishdi:
— Qitmir! Ushla uni!
— Salomingni koʻrsatib qoʻyaman!
— Sen ham qoʻlga tusharsan!
— Boshiga sol, Ahmad, boshiga, oʻsha kitobing bilan. Aqli kirsin.

Odatdagidek «Ikkinchi qilmayman» bilan zoʻrgʻa qutuldim. Shu payt eshik ochilib, zahar muallim Husnitdin akaning qorasi koʻrindi:
— Oyilaringning uyimi, bozor qilasanlar? Dars oʻtgani qoʻyasanlarmi-yoʻqmi?! — deb oʻshqirdi.

Hozirgina bozor qilib yotganlar birdan pusib qoldik. Husnitdin muallim boʻshashdi.
— Ma’limlaring topshiriq bilan ketgan. Boravurlaring, ozodsanlar! — dedi-da, burilib chiqdi-ketdi.

Uyga kelsam, Sultonmurod akam hali ham dong qotib uxlab yotibdi.

Bir itimiz boʻlardi, Yoʻlbars degan. Kun boʻyi bir kunjakka kirib yotib, kechasi boʻldi deguncha, izgʻib ketardi. Unga «Boyoʻgʻli» deb ot qoʻyvolgan edim. Buyam oʻsha «tun poshshosi»ga oʻxshaydimi, nima balo?

Jildni tokchaga irgʻitgan edim, patnis daranglab ketib, tun poshshosi ilkis boshini koʻtardi. Birpas garangsib turdi-da, keyin tanib qolib, jilmaydi:
— Ha-a, pakana pari, keldingmi? — Turib oʻtirdi. Yostiq izi tushib qolgan choʻziq yuzini ishqab, kerishdi. — Maktabingga bormay, nima qip yuribsan?

Gʻashim kelib, yuzimni burdim: «Sakkizinchiga oʻtsam ham, pakana pari ekanman-da?» U kuldi:
— Ha, oring keldimi, pakana pari?
— Kelsa, sizga nima? — deb toʻngʻilladim.
— Kelgani yaxshi. Or — yigitning koʻrki. Demak oʻsayapsan.

Bu gap yoqib, gʻashligim tarqaldi. Sultonmurod akamning kelbati chavandozlarnikidek edi. Chayir. Qirgʻiy burunli. Labining ustidagi kalta moʻylovi bir yarashibdi. Shu turishda toʻn kiyib, chakkasini durra bilan tangʻib olsami, uloqchining oʻzi. Lekin hozir shaharcha kiyingan, ustiga-ustak, boshyalang, sochlari jin-galak edi. Egnida bu tomonlarda hali rasm boʻlmagani iroqi gulli yoqasiz koʻylak. Ipak bogʻichlari bir chiroyli...

Oʻrnidan turib, boʻyi shiftga yetgudek boʻlib yana kerishgan edi, kuraklari shiqirlab ketdi. «Vuh» deb qoʻydi-da, yuvingani tashqariga chiqdi. Orqasidan suqlanib qarab qoldim.

Ammo shunday odamning qilib yurgan ishlari... Gʻalati. Nahotki oʻsha koʻchaga kirib ketgan? Yana, or haqida gapiradi.

Sultonmurod akam tushib borgan hovuzning uch tarafini tollaru ajoyib sariq safsar gullar tutib, chakalak boʻlib yotardi. Tolning ochilib qolgan ildizlari zina boʻlib qolgan, ovloq, ajoyib joy edi. Sultonmurod akam oʻsha yoqda allavaqtgacha qolib ketdi.

Nihoyat bogʻ eshigimizdan qaytib kirganida, men ham hovlida ivirsib yurardim. Kelib, supa yonida toʻxtadi. Soʻriga, uning orqasidagi ishkomlarga suqlanib boqdi. Qilt etgan shabadaga ham duvva-duvva toʻkilayotgan uzum gullarini hovuchiga yigʻib hidlarkan:
— Oh-oh, boʻylaringdan! Mast etaman deydi-ya, pakana pari! — dedi huzurlanib.

Men uning ustidan kuldim: shaharli akam-e!
— Uyning orqasiga oʻta koʻrmang unda. Xolavachcham yalt etib qaradi:
— Nega, pakana pari?
— Jiyda gulining hididan boshiz aylanib ketmasin yana...

U suyib yelkamga qokdi:
— Ha, sen pismiq, meni shaharchiga chiqarib qoʻydingmi hali?!
— Boʻlmasa, nimasiz? Dalachimidiz?
— Obbo sen-ey, Yakkabogʻdagi qoʻrgʻonimiz esingdan chiqdimi? Boʻlishi mumkin, boʻlishi mumkin. Unda sen koʻylagingning orqasi tugigʻlik yurarding, pakana pari,
— Nega endi, yaxshi eslayman.
— Nimani eslaysan?

Eslab qolganlarimni sanashga tushdim:
— Uloqqa borganmiz, devorga chiqvolib, tomosha qilganmiz...
— Ey, zoʻrsan-ku! Oʻsha uloq beriladigan bedapoyani bilaman degin?! — Qiziqib ketganidan, meni quchib, kiftimga bir tushirdi: — Eshigimizning roʻparasidagi sayxonlikni aytyapsan-da?

Men bosh silkidim. Soʻngra hovliqqancha bir voqeani ipidan-ignasigacha ayta boshladim.
— Bir mahal, deng, bir qizil ot toʻgʻri bizga qarab egasini opqochib kelaverdi. Orqasida bir gala ot. Hamma: «Ushla, utpla!» deb qiyqirib, uni quvib kelyapti. Biz devor nahrasida tikka turvolganmiz. Shunda birov «Qo-osh!» deb baqirdiyu...
— ... sizlar oʻtakalaring yorilib, oʻzlaringni har chekkaga otdilaring va...
— ... boyagi qizil ot oʻsha nahradan sakrab, oshib ketsa, deng...
— Quvib kelayotganlar qamchilarini tishlab qolavurdilar, qizil otliq Qangli yoʻliga chiqib ketvordi... shundaymi?
— Eslarkansiz, — dedim xotirasiga besh ketib. Sultonmurod akam xandon tashlab kuldi:
— Nega eslamay? Axir, uloqni ilib ketgan oʻsha Toʻlaboy qozoq edi-da?!.

Shunisini unutgan ekanman. Koʻzimni yashirdim. U yelkamga qokdi:
— Hechqisi yoʻq, hechqisi... Muhimi, qoʻrgʻonimizni bilarkansan. Borganakansan u joylarga... Qani, yana nimalarni eslab qolgansan? — dedi u birdan erka-lagannamo ohangda.
— Yana... yana bogʻlaringizga maymunjonxoʻrlikka tushardik.
— Etakdanmi? Bulbullar chax-chaxlab yotadigan joydan? Topdimmi?
— Topdiz. — Men qimtinib bosh silkidim, u esa xursand boʻlib ketdi:
— Men, tamom unutvorishdi, deb yuribman, kim ham eslardi, debman. Jilla qursa, sen bilarkansan-ku, pakana pari. Ayt, jonim, yana bir nimalarni eslab meni xursand qil.

Shunday nigoh ila tikildiki, beixtiyor yana xotirlay boshladim.
— Keyin... kattakon koʻk darvozalaring tepasida bir nok boʻlardi. Oʻzi xunukdan-xunuk, koʻm-koʻk, lekin mazasi shunday asal!..
— Topding, pakana pari, topding! Qoyilman senga! Oʻsha joy tashqi hovlimiz edi. Butun nokzoriydi! Hoji eshon buvamiz bu dunyoning hamma nokidan boʻlsin deb ektirgan ekanlar! — U quvonganidan koʻzlari porlardi. Meni qistab yoniga oʻtqazdi-da, gapga tushib ketdi: — Hovlimizning oʻrtasidan kesib oʻtib, hovuzga chiqib boradigan ariq boʻlardi. Butun qirgʻogʻida anvoyi gulu rayhonlar oʻsib yotardi. Rahmatli oyim, sening xolang shunaqa ayol edilar. Gul-rayhonsiz hovli — hovlimi, derdilar. Ey, u davrlar oʻtdi-ketdi, pakana pari.

Oyogʻimizning tagida yer bilan bitta boʻlib yotgan uzum gullariga tikilib, uzoq jim qoldi. Shu jim oʻtirishida birovdan zoʻr alami borga oʻxshab ketar, ammo dardini aytmas edi. Yuzidan sayoq yuradigan siyogʻi yoʻq. Nega bunaqa yomonotliq boʻlib ketdi ekan? Boya ham uni zoʻr berib oʻgʻriga sherik qilib koʻrsatmoqchi boʻlishdi.
— Siz bu yoqda uyquni uriib yotibsiz, u yoqda toza tomosha boʻldi, — dedim gapni burib. Sultonmurod akam daf’atan anglamaganday edi.
— Qayoqda?
— Tegirmonkoʻchaning boshida-da.
— Qanaqa tomosha?
— Bittasi rosayam chitton ekanki... — dedim hayratimni yashirmay, — bir oʻzi uchtasini shunaqa urdi, shunaqa suvga pishdi...

Sultonmurod akam yelkamga rapidaday kaftini tashlab, silkidi:
— Shoshma, kim bilan kim solishdi?
— Moʻmin togʻanikiga tushgan oʻgʻri bilan Parpi bebaxtning yigitlari. Oʻzlari chiranib kelib, adablarini yeb ketishdi. Ammo-lekin bopladi, rosa haddini olgan ekan.
— U chittoning Moʻmin togʻanikida nima qip yuribdi?

Boshidan tushuntirishga majbur boʻldim: ushlab olishgan ekan, xoʻb tavbasiga tayantirib, tolga bogʻlab qoʻyishibdi. Moʻmin togʻa ajratib olib, qoʻyib yuboruvdilar, bular ovozasini eshitib yetib kepti, dedim.
— Parpiyam bormidi?
— Yoʻq, u keyin salt otga minib keldi.
— Uniyam urdi, degin?!
— He, yoʻq. Ungacha joʻnab boʻluvdi. Baxti borakan. Koʻlmasa, oʻsha vajohati bilan otibam tashlardi, — dedim men.
— Zoʻr boʻlsa, ottirib qoʻyarmidi? Qutulib ketibdi-ku, axir.
— U Xirmontepaga qarab ketdiyam bu yoqdan Parpi izlab keldi...
— Keyin-chi?
— Hamma tarqab ketib-ketib, koʻprik ustida endi uyidan chiqqan Mirzarahim turuvdi. Parpi kelib-kelib oʻshandan soʻradi. Ammo-lekin u bopladi: oʻgʻri ketgan yoq qolib, boshqa tomonni koʻrsatvordi.
— Devonaning ishini xudoning oʻzi oʻnglaydi, deganlari shuda!
— Ishqilib keyin tutib olgan boʻlmasin, — dedim men xavotirlanib.
— Kimni, Mirzanimi?
— Yoʻq, anuvini. Oʻgʻrilikni endi tashladim degan-da, — deb Moʻmin togʻadan uzr soʻraganlarini aytib berdim.
— Afsus, men boʻlmabman-da, — dedi Sultonmurod akam achinib.

Shu tobda juda-juda soʻragim kelib, qoʻrqa-pisa betiga qaradim:
— Siz uni tanirmidingiz?

Sultonmurod akam avvaliga sharakdab kulib yubordi, soʻngra yelkamga qoqarkan, jiddiy tortdi.
— Ammo-lekin shunaqa ikkita oshnam boʻlsa, oʻzim bilardim! Unaqalar bilan dogʻda qolmaysan hech! — dedi u allaqanday gʻururlanib. — Arzirkan oshna boʻlishga! Shunaqalardan chiqadi odamning zoʻri, ishonsa boʻladigani!

Keyin tizzasini quchgancha, hov olis osmondagi oppoq, yolgʻiz, momikdayin bir tutam bulutgami yo shabadada allalanib-chayqalib yotgan tol uchlarigami tikilgancha ancha jim qoldi. Boyadan beri soʻri yogʻochida qayroqtoshdek bir qaldirgʻoch vijir-vijir etib kuylab yotgan edi. Endi yoniga yana bittasi kelib qoʻndi va bir-birlariga joʻr boʻlishib, valfajrlarini avjiga chiqarishdi. Birdan qaergadir koʻmilgan kitoblar, shajaramiz haqdagi anuv gaplar esimga tushib, xolavachchamning biqiniga sekin turtdim:
— Siz anuv kitoblarni qaerga yashirishganini bilasizmi?
— Qaysi kitoblar? Adamning kitoblarinimi?
— Ha-da, qaergadir yashirib qoʻyilgan deyishadi-ku.

U bosh silkidi:
— Toʻgʻri, yashirib tashlashgan. Lekin biz bolalarni uxlatib qoʻyib, yarim kechadan oshganda koʻmib kelishgan. Men bir kun avval namatga oʻrab, sandiqlarga joylashganida koʻrganman. Katta-katta jiddli, qalin muqovali kitoblar edi. Bir boloxona kitobni shunaqqib yoʻqotishgan. Xuddi oʻlikni koʻmganday, imi-jimida. Har bittasini oʻpib, koʻzlariga surtib, oʻrab-chirmashgan.
— Qaerga koʻmishgan ekan?
— Boqqa yo boʻlmasa, uyning orqasidagi tepalikkadir-da. Balki mozoristonga koʻmib kelishgandir, — dedi u negadir anigʻini aytgisi kelmaganday.
— Oʻsha bogʻlaringizning pastida bir mozormi, qayragʻochzormi bor-ku, balki oʻsha yerdadir? — deb taxminladim.
— Balki, lekin u kitoblar Yakkabogʻdan chiqib ketmagan. Qaerdadir yotibdi, yer ostida, — dedi allaqanday xomushlanib. Keyin bir uh tortdi-da, boshimga issiq kaftini qoʻydi:
— E, pakana pari, sen kuyma, hali vaqti keladi, adalarimiz oqlanib, nomlari tildan tushmaydi. Oʻsha kitoblaram qazib olinadi. Mana koʻrasan, Xudoning oʻzi asraydi u bitiklarni. Bittasiga gard yuqmay odamlarning qoʻliga yetib boradi. U ilohiy kitoblarni hech kim yoʻqotolmagan. Nega desang, ularga Xudoning kalomi bitilgan. Shunday, pakana pari. Yur, endi, choy qoʻyib, biron narsa yeb olaylik. Axir, qorin ham piyozning poʻsti boʻp ketdi-ku.
— Hozir-da, siz uyga kiravuring, — deb oshxonaga chopdim. Lekin ichim tobora qizib borardi. Kitoblar namatga oʻralib, sandiqlarga joylanganini koʻrgan ekan, bir boloxona kitob shunaqqib yoʻqotilganini bilar ekan, shajaramiz, oltin kitobimiz qayoqqa qoʻyilganini bilmaydimi? Jilla qursa, eshitgan chiqar buvamizning buvalarini... nomlari nimayu oʻzlari kim oʻtganlar?..

Aytib qoʻyay, men oʻzim shunaqa gʻalatiroqman: eski qutilarni ochib, buvamning zamonidan qolgan narsalarni titkilab yuradigan odatim bor. Opogʻoyimlarnikiga chiqsam ham, chetdagi eski hujradan beri kelmayman. Ishqilib, qarindoshlarning boloxonalariyu omborxonalarini bir tintib qoʻymasam, koʻnglim tinchimaydi. Kenja togʻamlarnikiga borsam-ku, oshxonalarining yonidagi donxonalaridan chiqmayman. Qachon qarasang, bir enlik chang va mogʻor bosib yotadigan u xonada odam boʻyi keladigan katta-katta xumlar bor. Kprontasining ichiga tushib olsangmi, qidiribam topppgolmaydi. Togʻamning aytishlaricha, ilgari shularning hammasida necha yillab gʻalla saqlanarkan. Hozir boʻm-boʻsh, yoniga sichqon ham oralamaydi. Oʻsha donxona tokchasida har xil qutilar bor, koʻpincha soatlab titkilab oʻtiraman. Ichidan yalpoq boshli, oʻzi bir qarichdan uzun arava mixlarimi-ey, zanglagan taqalaru mitti xaltachalarda qovun urugʻlarimi-ey chiqib qoladi. Shularni eksa, haliyam koʻkararmish. «Men atay opqoʻyibman, bir kuni ekib, hammanglarni mehmon qilaman, ha-ha, buvalarimiz yegan qovunlardan biz ham totisak totibmiz-da», deydilar togʻam kulib.

Qovun urugʻlari turganda, oltin kitobimiz yoʻqoladimi? Uyam bir kunjakda yotgandir-da, axir. Osmondan tushmaganmiz-ku hammamiz...

Faqat alam qiladigani — Oʻsha Abdurahim eshon pochchaning bir boloxona kitoblarini koʻrmaganim, oʻsha boloxonaga chiqmaganim. Chiqqan boʻlsam ham, hozir hech eslay olmayotirman. Oyim, kasal boʻlganingda oborganman, oʻqib qoʻyganlar, oldilaridan chiqiboq chopqillab ketgansan, deydilar. Lekin negadir oʻzim hech eslay olmayotirman. Yogʻoch zinayam, u kishi oʻtiradigan boloxonayam yodimda yoʻq. Faqat, hovuz boʻyida chopqillab, sambitgullar orasida kapalak quvib yurganim kechagidek yodimda. Demak, borganimiz rost, u boloxonaga chiqqanimiz, patnisday-patnisday qalin muqovali kitoblarni oʻqib oʻtirgan eshon pochchani koʻrganimiz, u kishi boshimni silab duo qilganlari rost. (Oyim yolgʻon aytmaydilar-ku, axir.) Hozir Sultonmurod akamdan shularni bir soʻragim kelardi.

Xudo xohlasa, oltin kitobimizni topmay qoʻymayman.

Qoʻsh Qizgʻaldoq Yoxud Sirli Suvrat

Bir patnis jiyda-mayiz qilib, tandir nonni ushatib, endi choyga oʻtirgan edik, koʻcha eshik oshigʻich taqilladi:
— Hoy, kim bor?

Men qolib, Sultonmurod akam bir sapchib tushdi.
— Qara-chi, kim ekan? — dedi sergaklanib.

Men ostona hatlab ulgurmay, Haybat akamning oʻqday zardali ovozi hovlidan keldi:
— Maqsut, qattasan?!

Yuragim xunuk shigʻillab, Sultonmurod akamga qaradim. Yolgʻizsan-a, yolgʻizsan, deb oʻgʻrining yuziga qulochkashlab tortganiyu uning boshi ikki aylanib ketayozgani koʻz oldimdan oʻtib, nafasim goʻyo ichimga tushib ketdi.
— Haybat akam-ku! — deb yubordim oʻtakam yorilib.

Ammo Sultonmurod akam parvosiga olmay (hech gapdan xabari yoʻq-da), qoʻl silkidi:
— E, umi?! Chaqir, kiraversin. Otamlashamiz bir,— dedi ochilib.

Moʻmin togʻaning eshigidagi gapini sekin shipshib qoʻysam-ku, koʻradi koʻradiganini. Ammo chaqma-chaqarlik boʻladi-da.

Hovliga chiqib borsam, Haybat akam otxonadan oʻtib, ichi chiriy boshlagan tolimiz tagida kelyapti. Meni koʻrib, «Yugur, tez!» deganday imladi. Istar-istamas qadamimni tezlatib edim, u toʻngʻillab berdi:
— Ichkariga kirvolib, maqivotsan — Gʻiq etmaysan?!

Sultonmurod akam bilan birga oʻtirganimni aytgim kelmadi. Oʻzimcha bir nimalar deb mingʻirladim. Haybat akam labini burdi:
— Bu yoqqa qara, chop, — deb koʻkrak choʻntagidan jimitdek oqish bir nima chiqardi. Nima ekan, deb yugurib bordim. Haybat akam oʻsha narsani yuzimga oynadek tutdi: — Taniysanmi?

Tanimay oʻlibman-da! Jimitdek narsa — suvrat ekan, suvratdagi odam esa, hozir ichkarida qoʻr toʻkib, choy ichib oʻtirgan Sultonmurod akam edi. Ana xolos! Bunisi necha puldan tushdi?

Ammo suratki, bir ajoyib! Oʻzi xuddi shu iroqi gulli koʻylakda-yu, lekin bir hurpayib-achchigʻlanib tushibdiki, hayron qolasiz. Men Sultonmurod akamni bu holatda hecham koʻrgan emasman. Shaharning urushqoq, chapani yigitlari ham bunchalik boʻlmas, bunday yovqarash qilib turmas. (Tavba, nimadan buncha alamzada?) Yoqa — valangor, lab — alam-la qimtilgan, koʻz — yonaman deydi. Savatdek soch toʻzgʻib ketgan.
— Ha, nafasing ja ichingga tushib ketdi? Oʻsha oliftami, axir? — dedi Haybat akam yelkamga turtib.
— Oʻsha... boʻlsa, nima?! — dedim toʻmsayib va sekin eshikka qarab yuraverdim. (Ishqilib oʻzi shoʻttaligini negadir hech sezdirgim yoʻq.)

U tutaqdi:
— Qayoqqa, hov galvars? Ammam qattalar?
— Qatta boʻlardilar, daladalar, — dedim battar toʻmsayib, — chaqiraymi?
— Keragi yoʻq, — dedi u ham toʻrsayib va birpas nimagadir alahsib turdi-da, hech narsadan hech narsa yoʻq, birdan shangʻillay ketdi: — Qancha jigʻilladim! Necha qayta aytdim: hov amma, shu bolaga qaranglar, oyoq olishi bejo, yuzinglar yerga qarab qolmasin, dedim. Xoʻp-xoʻpdan nari oʻtishmadi. Mana, oqibati! — U suratni choʻntagiga solarkan, kerildi. — Xolavachchang menga rahmat desin. Choʻntagidan shuni shilib qoʻymaganimda bormi, koʻrardi koʻradiganini!
— Nimani koʻrar ekanman?!

Shu tob ichkaridan Sultonmurod akam bir gʻalati iljayib chiqib keldiyu Haybat akamning boʻlari-boʻlib, men qocharga joy topolmay qoldim. Yomon boʻldi. Haybat akam ich-ichidan yanib, menga oʻqrayib qoʻydi. Boshqa vaqt boʻlsa, qulogʻimning tagida shavla qayna-tib olarmidi? Ammo hozir xolavachchamning oldida nochor, ham uyatli edi. Oʻzidan oʻtdi, unga birov oʻpkasini bosolmay valdirasin debdimi!
— Ha, oshnam, qattan mani tashvishim sanga tushib qoldi? — dedi Sultonmurod akam kesatgannamo.

U oʻngʻaysizlanib, bir qur qarab qoʻydi-da, xijolat aralash:
— Begonamisan, odam oʻzinikiga achiydida joni?! — dedi. Keyin samimiy koʻrishishga chogʻlanib borib, qarshisida toʻxtadi. — Shoʻttaligingni bilganday kelganimni qara-ya...
— Shunaqami?! — dedi Sultonmurod akam boyagi ginasidan tushib. Qattiq qoʻl tashlab, bir siltagan edi, Haybat akam demaganlar terakdek qalqib quchogʻiga kirib bordi va yelkama-elka turib qolishdi. Soʻng ikkalalari qiz oʻrtoqlarday bel olishib, koʻrisha ketdilar.
— Xoʻp-pa! — deb Sultonmurod akam uni bir koʻtarib, aylantirib qoʻydi.
— Seni qara-yu! Zoʻrayib ketipsan-ku! — dedi Haybat akam ham.
— Nima deb oʻylovding biz «kichkina mitti — yiqitaman depti»larni! — deb Sultonmurod akam almisoqi gaplarini esga soldi.

Ikkalasi ham xoxolashib kulishdi. Soʻng bu ham kamdek kiftlariga turtib, gardanlaridan tortib qoʻyishdi.

Men quvonib ketdim: bu ikkala qarindoshim bir-biriga joni achiydigan, bu qadar mehrli ekan-u, men nima xayollarga borib yuribman!

Lekin hozir shundoqqina tepalariga qaragan odam bundanam goʻzal bir manzarani koʻrar edi. Tomimizning naq boʻgʻotida ukpardek ochilgan qoʻsh qizgʻaldoq koʻklam shabadasida bir-biriga chirmashib hilpirayotibdi, lekin hech boʻy bermaydi, yana va yana qaddilarini rostlab olaveradi. Durkunligi xuddi bulardek... Ammo bu ikki qarindosh qani endi qarab qoʻysa...

Tomda qiyoq chiqarib, boshoq torta boshlagan oʻtlar orasida unda-bunda chuchmomalar koʻrinadi, lekin qizgʻaldoqlar (boyagi boʻgʻotdagidan boshqalari) endi sho-kila-shokila tugunchaklab, «oʻgʻilmi-qiz» oʻynaydigan boʻlib yotibdi. Ustida tinmagur qaldirgʻochlar chappor urib, pastlab-koʻtarilib uchib yuradilar.

Otxonaning orqasidagi qantak oʻrigimizning uchida allaqanday qizilbosh qushcha bilan sariqbosh sa’va galma-galiga chuldir-chuldirlab yotibdi, hovuz boʻyida esa, bulbul chax-chaxlab qoʻyadi.

Shunaqa, olam yashnashga, hatto boʻgʻotlarga, devor sarhoklariga tarmashib chiqib gullashga, chakalaklarda chax-chaxlashga tushgan pallada mening bu yovvoyi qarindoshlarim topishib qolib, bir-birlariga «men senga aytsam»lab yotishardi.

Birdan Haybat akam mavzuni burdi. Maqtangisi keldimi yo boshqa bir niyatdami, ishqilib, yuragi toshib, boyagi jajji suratni choʻntagidan oldi.
— Buni qara, qaerdan topdim, oʻrtoq! Seni Xudo bir asradi, — dedi hovliqib.
— Xudo asradi? Tushunmadim, — deb hayratlandi Sultonmurod akam.
— Buni koʻr, qay goʻrlarda tushgansan oʻzing ham?

Sultonmurod akam suratni koʻrib, koʻz uza olmay qoldi.
— Ie, gʻalati-ku, qaerdan topding?
— Senmisan oʻzing?
— Menlikka menman, lekin... bu alpozda tushganimni eslayolmayapman hech.
— Tushmagan boʻlsang, tushirishgan, — dedi Haybat ham nimagadir shama qilib.

Sultonmurod akam oʻqraydi:
— Gaping qiziq! Kimga zarur kepti mening turq-tarovatim?
— Zarurdir-da, — dedi Haybat akam jiddiy ohangda. — Oʻzing dum ilashtirib yurganingdan xabaring bormi?
— Dum?
— Ha-da, biz Moʻmin togʻaning qoʻrgʻoniga oralagan odamni oʻgʻri deb ushlab yuribmiz, u boʻlsa...

Sultonmurod akamning avzoyi oʻzgardi:
— Ogʻzingga qarab gapir, bola, — dedi hurpayib. Qoʻllari oʻz-oʻzidan musht boʻlib tutildi ham.

Haybat akam hayiqibgina bir qadam tisarildi.
— Oʻzing soʻrading, men aytdim. Endi jahling chiqmasin-da, — deya zoʻrma-zoʻraki iljaydi u.
— Rasmni qattan olding?
— Qattan boʻlardi, oʻshaning choʻntagidan chiqdi. Hech kimga sezdirmay opqoʻyganimga rahmat de. Hali opketishsa, bir umr boshing gʻavgʻodan chiqmasdi.
— Kimni opketishsa? — dedi Sultonmurod akam hushi joyiga kela boshlab. Chindanam Haybat akamning gaplari sirli ham tushunarsiz edi.
— Sen batta yotibsan, Parpi uni otib ketibdi, — dedi Haybat akam.

Boshimdan hovur chiqib ketdi-yov.
— Qanday otib qoʻyadi? Axir, Mirzarahim... — deya oldim men. Hatto ichim achib, koʻzimdan yosh tirqiradi. Kelib-kelib endi-ya?.. Tavba qilib, yoʻliga ketganda-ya?.. Oʻsha battolga uchrabdimi?
— Mirzarahim boshqa yoqni koʻrsatvorgani bilan... Yakkabogʻning Izzasida duch kepti, — dedi Haybat akam bir menga, bir Sultonmurod akamga qarab. — Qoq peshin, dalada hech zogʻ yoʻq, toza olishib, axiyri kuchi yetmay otib qochganmish, ablah. Yaxshiyam Choʻlponotadan kelayotganlar koʻrib qolishibdi.
— Hozir qattaykan? — dedi Sultonmurod akam shosha-pisha. — Yo opketib boʻlishdimi?
— Qatta boʻlardi, Moʻmin togʻanikida. Oʻsha odamnikiga yetkazinglar, deganmish. U boyaqishlar nima qilarlarini bilmay...
— Voy, ovsa-ar, voy, oʻpka-a. Shuni aytmaysanmi avval... surat koʻtarib yurguncha?!

Sultonmurod akam birdan tutaqib, turgan yeridan sachrab ketdi va boshqa hech nima demay, koʻcha eshikka otildi.

Uy uyda, choy choyda qoldi. Biz ham orqasidan chopdik.

Koʻk Qargʻa

Shohdevorimiz oldiga chiqsam, Sultonmurod akam tolzor koʻcha qolib, pastimizdagi karam ekilgan maydon oʻrtasidan ikki ariqni bir qilib hatlab, chopib boryapti. Oʻshanaqasi yongʻoqzorning tagi bilan Moʻmin togʻaning qoʻrgʻoniga oʻtmoqchi, shekilli.

Men uyimizning orqasi bilan gʻizilladim. Shunaqasi hovuz boʻyidan oʻtib, Izzaga qarab ketgan katta tashlama ariqqa chiqsam, u yogʻi oson. Usha ariq yoqalab nokzorgacha tushib boraman. Balki shu ketishda Sultonmurod akamga yetib ham olarman?

Orqamda etigini poʻpillatib, Haybat akam chopib kelyapti. Men unga qarabam qoʻymayman. Shunaqa vaqtda yalangoyoq yugurishga nima yetsin. Tikan-mikanni bosvolmasang, bas, yengil-engil sakrab ketaverasan. Chitton odamga ariq nima ekan, chalchiq nima ekan?!

Tashlama yoqalab, yolgʻizoyoq yoʻlga tushib olganman. Ketyapman gʻizillab. Toʻpiqdan oshgan oʻtlar orasida yoʻl koʻrinib-koʻrinmaydi. Oyogʻim ostidan uchgan chigirtkalarning hisobi yoʻq. Ular shunaqa soya izlab, oʻtlar orasiga biqinishgan payt. Suvdan chiqib, oftobga oʻzini solib yotgan qurbaqalar esa, jon halpida oʻzlarini chetga otib, panjamning ustini hoʻl qilib ketishadi. Orqalaridan tizillab otilgan suvdan irganiblar ketib, oyogʻimni ariqqa bir pishib olamanu yana shipillavolib chopib keta boshlayman. Toʻpigʻimga achitqi oʻtlar oʻralashib, sim-sim achishadi. Lekin parvo qilmayman.

Bu oʻqariqlardan necha qayta quvalashib oʻtganmiz. Koʻzimizni bogʻlab qoʻysa, Izzaga dovur biron nimaga toʻqinmay (chakalaklarga kirib ketmay, ariqlarga tushib ketmay), chopib bora olamiz. Dala oʻrtasida sadaday tutib ketgan katta toshnokka yetguncha ham sabrim chidamay, kartishkapoya ichidan yolgʻizoyoq yoʻl bilan yongʻoqzorga burildim. Shunaqasi bir zoʻr bersam, soylikdan yongʻoqzorga chiqib borib, Sultonmurod akamgada yetib olishim mumkin. Bu joylardan Tegirmonkoʻchayu Moʻmin togʻaning qoʻrgʻonigacha yer balandlab ketgan. Pasti esa, Izzaga dovur soylik. Ana shu soylik bilan tepalik oʻrtasiga kimdir bir vaqtlar tekis yongʻoq ekkan va u yongʻoqlar hozir osmoni xaftimni tutib, tagiga tangadek oftob tushirmay qoʻygan. Kuz kelsa, oyilarimiz bizni shu yongʻoqzordan topishadi. Bizdan qolgani egalariniki.

Sultonmurod akam kartishkapoya oʻqarigʻidan hatlayotib munkib ketdi. Eng chekkadagi yongʻoqdan parillab ikki koʻkqargʻa koʻtarildiyu nokzorga qarab uchdi. Ular hech yolgʻiz yurishmas, hozir ham haqqushlardek oldinma-ketin uchib borishar edi. Bilaman, shu yongʻoq kavagida ularning ini bor. Har yili shu inlariga tuxum qoʻyib, bola ochishadi, uchirma qilib, chagʻillatib ergashtirib yurishadi-da, birdan yoʻq boʻlib qolishadi. Oyim, u xosiyatli qush, bu atrofda yolgʻiz shular qoldi, tegmanglar, deb goho ogoxlantirib qoʻyadilar. Bular ham yoʻq boʻlsa, bu joylardan putur ketadi, xarob boʻladi, deydilar. Negaligini hech tushunolmayman, lekin qoʻrqib tegmasligimiz aniq. Men bu gapni hamma oʻrtoqlarimga aytib qoʻyganman. Tegsinlaram-chi, koʻradilar mendan.

Orqamga oʻgirilib qarasam, Haybat akam endi nokzorga yetib kepti. Men esam, Sultonmurod akam bilan oldinma-ketin yongʻoqzordan balandlab boryapmiz. Boya pastda oyogʻimning tagiga ham qaramay yengil yugurib kelayotgan edim, endi tizzalarimning tepasi zoʻriqib ogʻriy boshladi. Bu ketishda Moʻmin togʻaning shohdevorigacha ham yetib borolmasam kerak.

Lekin Parpi nomarddarcha otib ketgan shaharlik koʻzirning hozir Moʻmin togʻanikida qonga belanib yotganini eslab... tizzamning tepasidagi ogʻriqlarni ham unutdim. Unga nima boʻpti ekan? Nima jin urib, Parpiga roʻbaroʻ kepti? Oʻzi bu yoqlarga qon tortib kelgan ekanmi? Niyati oʻgʻrilik boʻlmasa, nima izlab yurgan ekan bu yoqdarda? Akamning surati uning yonida nima qiladi? Hech narsaga aqlim yetmay boryapman. Rostdan akamga ergashib kelgan boʻlsa-ya, deb qoʻrqib ham qoʻyaman.

Sultonmurod akam boʻlsa, hech yoqqa qaramay halloslab boryapti. Koʻylagining popiltirikdi tizginlari yelkasi osha hilpirab, jingalak sochlari selp-selp toʻzgʻiydi. Tobora qadami ogʻir koʻchyapti. Yer balandlagani sari chopish ham qiyin-da. Axiyri Moʻmin togʻaning chetan eshigiga yetib-yopishdi-da, bir siltab ochdi va qadam bosgan joyida toʻxtab qoldi.

Bu orada men ham yetib kelib, uning qoʻltigʻi tagidan oʻtib oldim-da, qistadim:
— Yuring, choping, nimaga toʻxtab qoldingiz?!

Sultonmurod akam alanglab, kungay ayvondan keyingi uyning derazasi tagida betoqat kezinayotgan Moʻmin togʻaga termilgan edi. Mening daldam bilan ilga-riladi, yoʻlakay mushtiga yoʻtalib, togʻaga salom berdi.

Kunchiqarga qaragan eshikning tor yoʻlagiga qamalib olgan tekin tomoshabinlarni haydab solib, ichkariga hech kimni qoʻydirmay turgan Moʻmin togʻa Sultonmurod akamni koʻrib, Xizrni topganday shoshib qoldi:
— Kiravur, bolam, kiravur. Zap kelding. Men qay bir eslik odamni chaqirsam, kimga xabar bersam, deb halak edim. Yaxshi kepsan, — degancha hassasini doʻqillatib biz tomonga yurdi. — Harqalay shahar koʻrgansan, odam taniysan, Abdurahim eshon pochchamning toʻngʻichlari. Oʻzing bir nima qil bu musofirginani. Opkelishganidan beri alahlaydi, odam tanimay yotibdi, bolam. Nima qilarimizni bilmaymiz boyaqishginani. Duolar olib ketganidi. Qaysi ayblariga bu ahvolga solishibdi, qora qoniga belashibdi?! Oʻzing bir narsa qil: doʻxtirga oborasanmi, shaharga yetkazasanmi...

Bu orada Haybat akam ham yetib keldi. Shu payt oshxona oldida uzun koʻylaklarini lippa urib olgan Adol opoqi koʻrindi. Tirish-burish kaftlari bilan mijjalarini arta-arta, bizga qarab kelarkan, hadeb javranardi:
— Hay, Toʻlavoy, yoʻlbarsingizni bogʻlaganmisiz, bironta boyaqishni javrlantirib qoʻymasin. Odam tapiydimi u yashshamaguringiz, — deb turib, birdan Sultonmurod akamni koʻrib qoldi va uzun qoʻllarini choʻzib, alqab kela boshladi: — Voy, xudo rahmat qilgur Zumradxonning yodgorginasimi? Bormisan, bolam?! Bir yarashib turibsan, qara, ota yurtlarga. Koʻkqargʻani koʻrib, odam bunchalar quvonmaydi. Kelganing rost boʻlsin, ilohim, bolam. Shu aziz yerlarda unib-oʻsgin. Ruhlar shod boʻlsin. Kel, bolam, kel,— deb bagʻriga tortib, kuraklarini silab koʻrisha ketdi.

Shu tobda opoqining ust-boshlaridan shirin bir boʻy gurkirab, koʻzlarim suzilib ketdi. Jon berib alqashi shirinmi, bu boʻylari shirinmi — bilolmay qoldim.

Opoqi Sultonmurod akamning yelkalarini silab, silagan qoʻllarini yuzlariga surtib-oʻpib tavof qilayotgan edilar, Moʻmin togʻa urishib berdilar:
— Keyin-keyin. Avval ichkari kirsin, uni koʻrsin, — deb oʻzlari yoʻl boshladilar.

Ular ayvon chetidagi zinadan chiqib, oʻngdagi yorugʻ dahlizga kirdilar. Men qisinib, yelkam bilan eshik t.shaqasiga suyangancha ostonada qola qoldim, ichkariga utishga jur'at etmadim. Bola narsa, senga nima bor, dsb qolishganidan, shuyam yaxshi.

Shaharlikni uyning oʻrtasiga, ikki qavat koʻrpachaning ustiga yotqizib qoʻyishibdi ekan. Hali bunchalik haybatli koʻrinmagan edi. Pahlavonlarday bir uy boʻlib, choʻzala tushib yotibdi. Yelkalari keng-keng, qoʻllari uzun-uzun, atrofga yoyvorgan, hatto oyoqlari koʻrpachadan oshib, gilamga tushib turibdi, shimining pochalariyu oyogʻidagi paypogʻi qonga belanib, ivib qopti. Ustida pashsha gʻujgʻon uchyapti. Lekin rangida rang yoʻq, oq lavlagiday oqarib ketgan. Koʻzlari yumigʻ-u, qimtilgan lablarida, chakkalarida qattiq ogʻriqning izi qolgan. Koʻz ochishga holi ham yoʻqday.

Sultonmurod akam kovshandozdan oʻtdi-yu, u yogʻiga jilolmay qoldi. Keyin menga qayrilib:
— Shumidi? — dedi allaqanday hayrat ichida. Men bir qadam ichkari bosib, bosh silkidim:
— Oʻsha, oʻshaning oʻzginasi.

Chunki u choʻziq yuz, buning ustiga, sochi hadeb bir yoq qanshariga sirgʻalib tushib ketaveradigan, silkib toʻgʻrilagani bilan turmaydigan odam edi. Hozir ham bir tutam sochi oʻng peshonasini oʻpib yotar edi.
— Tanidingmi, boʻtam, — dedi togʻa jonlanib.
— Yoʻq, — deya bosh chayqadi Sultonmurod akam va tez borib, gilamga tiz choʻkdi. — Oʻq qaeriga tegibdi?

Togʻa choʻnqaydi.
— Bilmasak. Qon boʻksasidanmi, qornidanmi oqib tushgan, tushavergan. Oʻzini bir amallab opkelishibdi.

Sultonmurod akam tusmollab turib, uning shimini yuqoriga sura boshlagan edi, u bosh toʻlgʻab ingradi. Yo alahladi, yo bir nima demoqchi boʻldi. Harholda, biz hech nima anglamadik. Sultonmurod akam, hushiga kelar, deb uning boshini siladi:
— Qaeringiz, birodar? — dedi umidvor tikilib. Uning kipriklariga jon bitib, qoʻzgʻaldi va hissiz, bemajol qaradi.

Sultonmurod akam yaqinroq suriddi:
— Agar ulov topsam, holingiz keladimi? — dedi yuzlariga boqib.

U koʻksi koʻtarilib-tushib, bosh toʻlgʻadi.
— Balki Hoji doʻxtirga odam yuborish kerakdir? — dedi Moʻmin togʻa javdirab. — Boyaqish qiynaliblar ketdi.
— Oqtepagami? — dedi Sultonmurod akam.
— Undan qoʻli yengil kim bor? Yaqin-atrofda hech kimam yoʻq. — Togʻa tizzalari qisirlab oʻrnidan turdi-da, deraza tokchasiga borib oʻtirdi.

Sultonmurod akam jilmadi.
— Vaqt ketadimi... — dedi bosh koʻtarmay. Soʻng qayrildi. — Undan koʻra, toʻgʻri Arpapoyaga oborsam...

Axir, olamning yaradorlari oʻshatta. Jangdan qaytganiyam, boradiganiyam.
— Oʻzing bilasan, boʻtam. Men bir narsa deyolmayman. Ulovim boʻlsaki, ma, ol, tez yetkaz, desam. Lekin qarabam oʻtirib boʻlmaydi, — deb togʻa tokchadan ham turib ketdi. Uy ichiga sigʻmay, u yoqdan-bu yoqqa yurinishga tushdi. — Xudoyimdan aylanayki, butun nima boʻldi, u bizning Yakkabogʻdan ketolmay qoldi? Nima hikmati bor ekan bunda?

Shaharlik yotgan joyida toʻlgʻonib ingradi. Bir yonga oʻgirilib, gʻujanak boʻlishga tirishdi-yu, qon sizib qotgan oyogʻini jildirolmay qiynaldi. Sultonmurod akam uni yelkalaridan bosib, tinchlantirdi:
— Ozgina chidang, birodar. Xudoyim oʻzi sabr bersin sizga. Men biron narsa topay, — deb oʻrnidan tez tura boshladi. Shu payt shaharlik koʻzlarini ochib qoldi. Javdiragancha, majolsiz qoʻllari bilan Sultonmurod akamning egnidan tutdi.
— Olib ketolsangiz... olib keting, — dedi entikib. — Oʻz uyim oʻlan toʻshagimga... Qoratoshimga... — Mijjalarida yosh yiltiradi.
— Siz hali... Qoratoshdanmisiz? — deb yubordi Sultonmurod akam allaqanday hayrat ichida.

Ammo u qaytib bir narsa demadi: yo holi kelmadi, yo aytgisi. Boshini bir yonga tashlab, jim qoldi. Sultonmurod akam unga qarab turolmay qoʻzgʻaldi:
— Xoʻp, men ketdim! — dedi unga ham eshittirib.— Iloji boricha tez qaytaman. Kutib turinglar.

Ostonadan oʻtdiyu Moʻmin togʻaga qayrildi:
— Movzirnikiga oʻtamanu qaytaman. Zora shoʻtta boʻlsa, — dedi.

Moʻmin togʻa duo qildilar:
— Xudo xayringni bersin, boraqol. Yeyilib qolmas izvoshlari...

Hech qancha vaqt oʻtmay guvillagan odamlar orasini yorib oʻtib, oʻsha yoʻlakdan:
— Hoy, Husanboy, Haybat, qanisizlar, yordamlashvoringlar. Movzirni Xudoning oʻzi yetkazdi, — deb kirib keldi akam.

Men eshikka yugurib chiqib, yoqamni ushlab qoldim. Yoʻl chetida raisning usti yarim ochiq soyabonli qora izvoshi turar, jingalak sochli, bashang kiyingan Movzir aka otining sagʻrinini silab, yuganlarini mahkamlar edi. Yoʻlaqda ovozi doʻrillab, qoʻllarida kosa, Adol opoqi koʻrindilar:
— Xudo ol qulim desa, shuda, oʻzi yetkazadi. Hov Movzir bolam, ma, manavini ichib ol. Oʻzi yarim choʻmichgina suzdim. Ol, bolam, yoʻl-oyoq boʻlsin. Nasibang sening.
— E, opoqi, bormisiz. Siz opchiqasizu men ichmaymanmi? Sizzi qoʻlingizday shirin qoʻl qaerda? — deya u ham opoqiga qarab kela boshladi.

Shu tob ichkaridan kattalar poʻsht-poʻshtlab, yaradorni koʻtarib chiqishdi. Odamlar nima bilan ovora-yu, Adol opoqi ularning ketidan galdirab, javrab boryaptilar:
— Hay, yaxshilar, hay, aylanaylar. Men bu bolaginamga deb ikki qoshiqqina issiq qiluvdim, ichirmadinglar ham...

Kimdir:
— Koʻrib turibsiz-ku, opoqi. Ulov topilganda yetvolaqolsin, — dedi. Kimdir yana boshqa narsa dedi. Opoqi bunga ham koʻndi. Yoʻl chetiga oʻtib, bir doʻngga choʻnqaydi-da, birnimalarni deb duo qila ketdi. Hamma u kishiga qoʻshilib, yuziga qoʻl tortdi.

Izvosh jildi.

Uning Chekiga Tushgan Ot

Sultonmurod akam ertasiga kechga yaqin (shundayam oftob Olmazorning orqasiga oʻtib ulgurmay) qaytib keldi. Supaga — tom soyasiga joy qilib, choy opkeldim. Yuzi tund, ochila qolmaydi. Men esam, soʻrarimni ham, soʻramasimni ham, bilmay oʻtiribman. Bir payt Sultonmurod akam chuqur xoʻrsindi.
— Ahvoli yomonroq... — dedi choyni ichishga ham shoshmay. Xavotirimni sezdi shekilli, betimga qarab, ma’yus jilmaydi. Suyub, yelkamni silab ham qoʻydi. Soʻngra: — Sen qoʻrqma, Xudo xohlasa, tuzalib ketadi. Uyidagilarga ham xabar berib qoʻydim. Lekin oʻsha Yakkabogʻning Izzasidagi olishuvning tafsilotini bilolmayapman-da, — dedi bir tin olib.
— Hech kim koʻrmaganmikan? — dedim men.
— Izlasam toparman. Lekin... lekin oʻzining gapi qiziq. Nuqul alahlaydi: oʻzim aybdorman, oʻzim, deydi.

Tushunmadim: oʻzi nimaga aybdor boʻlarkin? Bu yerda bir sir borga oʻxshardi.
— Endi nima qilasiz?
— Tuzalsin-chi, oʻziga kelsin-chi, — deb akam nihoyat choyni qoʻliga oldi.

Xuddi shu mahal koʻcha eshikda ot pishqirib, soʻliq chaynagani eshitildi. Yugurib chiqsam, togʻam. Eshik zulfiniga otlarini bogʻlab, sassiz kulgancha, kirib kel-yaptilar.
— Ha, jiyan, opam qanilar? — dedilar dabdurustdan.
— Daladalar.
— Uyda-chi, uyda kim bor?
— Sultonmurod akam.
— Juda yaxshi. Unda biz gaplashib oʻtiraturamiz, sen zipilla, opamlarni aytib kel.

Topshiriq yoqinqiramay, eshikka yoʻnaldim. Hali Sultonmurod akamdan qancha narsa soʻramoqchi edim, oʻzi ham bu yoqlarda nima qilib tentirab yurganini (yo kela qoldimi?) bilmoqchi edim, gapning beliga tepdilar-da.

Oyimlarni aytib, oftobda qizib yotgan bir qop oʻtni ortmoqlab, daladan qaytsam, togʻa-jiyan qizishibroq oʻtirishibdi.
— E-e, togʻa, bilaman, sizdan boʻlak qayishadiganimiz yoʻq. Lekin shu ishni chakki qipsiz, — dedi Sultonmurod akam.
— Nega chakki boʻlarkan? Oʻqib, melisa boʻp kelsa, nimasi yomon? — dedilar togʻam jerkibgina.
— Rahmatli adam ikki dunyodayam unamagan boʻlarlilar bu ishga...
— Otni minu uzoqni koʻzla, der edilar dodam rahmatli. Koʻzimiz tirigida sizlaram tup qoʻyib, palak yoyib olinglar-da, jiyan.
— Murosai madora — shunaqami? — deb toʻngʻilladi akam. Togʻam uning kesatigʻiga parvo qilmadilar.
— Ha-ha, mador yigʻaman degan murosa qiladi. Kekdan hech kim koʻkarmagan. Oʻch — intiqom deb yurib, koʻzingga qon toʻlib yo yogʻ bosib qolmasin.
— Har kim chekiga tushgan otni minadi, — dedi Akam togʻamning koʻziga qaramay, — mening chekimga... shu ot tushibdi! Men hali shunday qoldirmayman ularni! Oblochi boshlab kelganiniyam, uy oralab xolamni chirqiratib ketganiniyam!..

Togʻam moʻylovlari dikkayib, qaysarsan-qaysar, deganday qaradilar-da, yana oʻzlarini bosdilar.
— Toʻgʻri, har kim oʻzi yoqtirgan otni minadi, jiyan, sekin bir umr asov ot minolmaysan-ku, bir kunmas bir kun ustidan itqitib ketishi bor. Oʻjarlikdan Kimga jabr?
— Peshonamdan koʻrdim!

Sultonmurod akam yuzini ters burgan joyida oyim kirib keldilaru bu gaplar oʻz-oʻzidanoq toʻxtab qoldi.

Ikkalalari ham turib, oyim bilan koʻrishgani yelka tutib, engashishdi.
— Hay-hay, qanday shamollar uchirdi, Qoʻldoshxoʻja, Sultonmurod?! Kelsam, uyimni toʻldirib oʻtiribsizlar. Koʻz tegmasin, biram yarashib turibsizlarki!..
— Men haliyam siznikida turadigan boʻlib keldim, xola, — dedi Sultonmurod akam oʻzini yaqin olib.
— Voy, bosh ustiga, xolang oʻrgulsin, bosh ustiga. Kelsang, kimsan, jigarimning jigarisan, — dedilar oyim boshlari osmonga yetib.
— Men esam, yana oʻsha gap bilan keldim, opa. Koʻchirsam, koʻchirib ketaqolay endi, — dedilar togʻam dabdurustdan. — Ertalabdan tayyorgarligingizni koʻraverasiz. Qarindoshlar hasharga kelishadi.

Oyim serrayib qoldilar bu xabardan.
— Muncha tez, Qoʻldoshxoʻja? U yoqda bir boshpana koʻtarmay turib-a?
— Voy, opa-ey, shu uyingizning uskunasini peshma-pesh oborib, bir haftada tiklab bersak, boʻldimi? Ustaning zoʻrini aytib qoʻyganman, aynimang endi.
— Togʻa, otalarimizning yurtini tashlab ketib, nima topamiz? — dedi kutilmaganda Sultonmurod akam aralashib.

Oyim yomon tortishuv chiqib ketishidan choʻchibmi, qistadilar:
— Oʻtiringlar-oʻtiringlar, bir duo qilaylik, avval. Qani, Qoʻldoshxoʻja, oʻzingiz oʻtganlarning ruhi-pokiga bagʻishlab bir tilovat qilib yuborasizmi?

Togʻamning shirali ovozlari bor ekan, tilovatlaridan keyin oʻz-oʻzidan boyagi taranglik ham unutildi-qoʻydi.
— Koʻchish boʻlsa, koʻchish-da, Sultonmurod. Hammasiyam ota-buvalarimizning yurti. Bu mulkdan chiqib ketyapganimiz yoʻq, — dedilar oyim endi bizni hayron qoldirib.
— Shuni ayting. Koʻchsak, qaerga koʻchibmiz? Toʻraxoʻja akaning mulkidan Umarxoʻja akaning mulkiga oʻtibmiz-da, — dedilar togʻam kulib; ham uzoq tarixdan tushib. Biz jon qulogʻimizni tikib qoldik. — Birlari Yakkabogʻni, ikkinchilari Kattabogʻni makon tutishgan, farqi shu, xolos.
— Unda... Toshkentga oʻris bosib kirganida, Ulugʻxoʻja buvamizning yonlarida turib merganlik qilgan qaysilari? Kenjalari boʻlib chiqadimi? — dedi Sultonmurod akam koʻzlari allaqanday chaqnab. (Tavba, buni qayoqdan eshita qolibdi?!).
— Ha, oʻsha kenjalari boʻlsa kerak. U Qoratoshda qolib, bular bu yoqni vatan tutishgan ekan.
— Keyin anuv gap-chi, uyam toʻgʻrimi? — dedi Sultonmurod akam labining chetida jilmayib qoʻyib. — Nusrat pochcha aytib oʻtiradilar-ku?
— Qaysi, Ulugʻxoʻja buvamiz shahid ketganlarida tillani kepchiklab boʻlashishganimi? Ha-ha, biz yutsang gʻoziy, oʻlsang shahid degan odamlarning avlodimiz. Faqat, bugunga kelib, joni, mol-dunyosi koʻziga shirin koʻrinib, urushdan qochadiganlar chiqdi-da. boʻlmasa, shahidlikdan ulugʻ martaba bormi Ollohning nazdida?!

Togʻam bu gapni xuddi unga tekkizib aytgandek, Sultonmurod akam bir qoʻzgʻalib qoʻydi, miyigʻida bir gʻalati achchiq jilmayish koʻrindi.
— Buvalarimizni qirgan, otalarimizni qatl etgan, yurtimizni qonga botirganlarni himoya etibmi?..

Togʻam gap qaytargan odamni yomon koʻrar edilar, ogʻrinib bir qarab qoʻydilar.
— Sen bu tarz gaplarinshi qoʻy, jiyan, — dedilar haytovur nasihatga koʻchib. — Bularga ters qarab, kim baraka topdiki, sen topasan. Yaxshisi, bu xil fikrlaringni ichingta yut.

Sultonmurod akam kuldi:
— Mening ichim Kenja togʻamning bugʻdoy koʻmadigan xumi ekan-da?!.
— U qora kunga yigʻsa, sen yorugʻ kunlaringni oʻylab ishir.

Sultonmurod akam bu gapni ham oʻziga olmay ijirgʻana boshlagan edi, oyim oʻrtaga tushdilar:
— Togʻang toʻgʻri aytadilar. Qoʻy, bolam, boʻlmagan bilan boʻlishma. Sen kimsan — Ulugʻxoʻjaboylar avlodidansan!
— Biz oʻshanday buvalarimizning nomini ham yashirishga majburmizmi — majburmiz! — deb yubordi Sultonmurod akam allaqanday yonib-oʻksib.

Togʻam koʻz qisdilar.
— Bular hammasi vaqtinchalik hol. Muhimi, kimning zurriyodi ekaningni unutma, tashingda sezdirmagin-u, ichingda gʻururlana bil.
— Oʻsha ich yonib ketsa-chi?
— Oʻzingni bosu ularning ruhi-pokiga bir kalima Qur'on tilovat qil. Ham taskin topasan, ham savob yuborasan, — dedilar togʻam.

Sultonmurod akam noiloj jim qolib, togʻamga qaradi. Oyim (bu xil gaplarga chek qoʻygilari kelibmi) tamomi boshqa narsadan soʻz ochdilar.
— Qoʻldoshxoʻja, hamonki koʻchadigan boʻlsak, bugun kechqurunga bitta is chiqarib, toʻrtta qoʻshnini chaqirsak, ehson-xudoyi qilib yuborsakmidi?.. Necha yil shu joyda tuz-non yedik, qancha bolalarimni, otasini yerga topshirdim. Oʻshalarning ruhi xotirasi.
— Maylingiz. Unda vaqt oʻtmasin, — dedilar togʻam.

Koʻchish. Har bir qarichi, har bir ustuni, hatto hidi ham qadrdon boʻlgan uydan koʻchish. Ichimda nimadir uzilganday boʻlib, shiftimizdagi koʻhna toqilaru behi osiladigan uzun dorimizga tikilib qoldim. Nahot shularning hammasini ertaga qoʻporib tashlaymiz? Qaldirgʻoch uyasini buzsang, qancha chirqillaydi...

Ich-ichimdan xoʻrlikmi, xoʻrsiniqmi bosib kelib, koʻzim jiqqa yoshga toʻldiyu sekin uydan chiqib keta qoldim.

Bu Ohu Kimning Ohusi?

Qarindoshlar-chun togʻamning soʻzlari qonun, aytganlari aytgan, ekan. Kun yalligʻlanib chiqib ulgurmay, birin-ketin «Assalomu alaykoʻ-oʻm», deb kirib kelishyapti-kirib kelishyapti. Togʻamning oʻzlari supaning toʻrida «Ha, barakalla, falonchi!»; «Ha, keldingmi, pistonchi», deb kutib olayaptilar. Bitta-bitta koʻrishib, kim yonlariga, kim pastroqqa choʻkyapti.
— Duo qiling, oka, — deydilar togʻam. Shirali, kuylaydigan bir ovozda Usmon togʻam duo qiladilar. Hammalari yuzlariga fotiha tortib, gangir-gungur bilan soʻrasha ketadilar.

Faqat men toʻmsayibgina tolning tagida choy qaynatyapman. Aksiga olib samovar ham qaynay qolmaydi. Olovi yonib boʻlar-boʻlmas karnayini olib, oʻtin tashlayman. Yonib turgan narsa burqsib tutay boshlaydi. Tutuni koʻzlarimga kirib achishtiradi, achishtirib yoshlantirsa ham, nari jilmayman. Shu yaxshi, yoshlantirgani yaxshi. Birov, nega yigʻlayapsan, demaydi. Koʻchsangiz, qayoqqa koʻchasiz, togʻalaringning qavatiga borasiz-da, deb taskin-tasalli berib ham yurmaydi.

Hozir menga bir ogʻiz soʻz ortiqcha. Yuragimga hech narsa sigʻmay turibdi. Yigʻlab yuborishim, qarindoshlarning kulgisiga qolishim mumkin... Uyni buzayotganlarida bu yerda turolmasam ham kerak.

Axiyri bir piyoladan choy ichib boʻlishgan ham edi, kalxoʻzning gaplashib qoʻyilgan aptakachkasi yetib kela qoldi. Togʻam uni Sultonmurod akamga topshirib, «Senga ishondim, oʻzing chiqa qol», dedilar-da, akalariga oʻgirildilar:
— Qani, oka, fotiha bering, boshlay qolamiz.

U kishi qoʻllarini ochib, «Omi-in», dedilaru... men koʻchaga otildim. Soʻnggi eshitganim: «Shular ham borgan yerida tup qoʻyib, palak yoysin, Xudoyimning oʻzi...» deganlari boʻldi.

Otlar mendan hurkib, oʻzlarini bir orqaga tashlagan edilar, arava gʻijirlab, nari borib-beri keldi. Yaxshiyam tolga bogʻlogʻliq ekan. Ular chindanam zoʻr, gijinglagan edilar-u, lekin hozir mening koʻzimga hech parsa koʻrinmas edi: negadir bir yerlarga ketib qol-gim bor, qoramni hech koʻrsatgim yoʻq, arazim shunchalik!

Sultonmurod akam meni urishib bergisi bor edi-yu, avzoyimni koʻrib, hech kutmaganimda yumshadi. Keyin erkalab chaqirdi:
— Zap chiqdingda oʻzing, pakana pari. Togʻamlardan soʻrab olmoqchiydim, yur, koʻrib kelamiz yangi joylaringni.

Chindanam, bu yerda nima qildim, oyoq tagida oʻralashib... kirib-chiqib... tumsayib yurib? Koʻrmayinam-kuymayinam buzganlarini. Hammasiga chidarman-u, sho-kila-shokila xumchalab yotgan lolaqizgʻaldoqlaru kelin gullarday yuz ochgan anuv nozuv chuchmoʻmalarni yakson Etib, tom ochishlariga... chidolmasman.

Koʻtar-koʻtar bilan ichkaridan avval sandiqlar, keyin koʻrpa-yostikdar olib chiqila boshladi. Koʻpchilikka hech gap emaskan, barcha lash-lush bir aravaga jo boʻldi-ketdi. Sigir-buzogʻimizni aravaning orqasiga bogʻlab berishdi. Oʻzimiz yuklarning tepasiga chiqib oldik.
— Sapuraxonning bitta uyini boʻshattirib qoʻyganman. Eshikka olib borsangiz, kennoyinglar tushirib olishadi oʻzlari, — deb tayinladilar togʻam.

Arava gʻijirlab jilib, otlar yoʻrgʻalay ketdi. Yuzga ukpardanam mayin shamol urilib, yellar odamni achomlab oʻtisha boshladi. Yana oʻksik hislar bosmasin, deb orqamga oʻgirilib qaray olmayman. Ammo otlar qadamlarini tezlatgani sari gʻir-gʻir shamollar esib, meni ovutmoqni boʻyniga olgan kabi oʻynar, yulqar, gʻuvillar, bir zum tinmas edilar.

Uchinchi qatnashimizda sinchlar bilan toqilarni ortib berishdi. Togʻam damlagan oshni tol soyasida paqqos tushirib, uch-toʻrt piyola choy ichgunimizcha naq peshin boʻldi. Kun yozdagidek qizdirar, odam oʻziga soya axtarib qolgan, hech turgisi kelmas edi. Men arazlarim tarqab, Sultonmurod akamning yonidan jilmay qoʻydim. U nima buyursa, chopqillab bajarar edim. qolaversa, yangi joylarimizni koʻrdik, zoʻr bogʻdan joy ajratishibdi. Devor olib, uy solinsa, boshqalarnikidan hecham qolishmaydi. Joy menga yoqdi. Hammasidan ham, shunday oldimizdan koʻcha yoqalab anhor oʻtarkan. Suvlari bir tiniqki...
— Vaqt oʻtmasin. Hali qancha yukimiz bor. Sultonmurod, sizlar tura qolinglar, — deb qistadilar togʻam.

Biz joy-joyimizga chiqib, Sultonmurod akam tizginni silkiladi va nariroqqa borib, men tomonga sekin qayrilib, koʻz qisdi:
— Qaytangga yaxshi boʻldi, pakana pari. Bu gal yoʻlni Qayumbek amakining tagidagi ayrilishdan solamiz-da, Choʻmilishda toʻxtab, bir-bir shoʻngʻib olamiz. Boʻptimi?

Yoʻlni eslab, yuragimga gʻulgʻula tushdi:
— Shoshmang, u yoʻlning qiyamaligini bilasizmi?
— Bilaman. Qoʻrqma, pakana pari, otlarimiz zoʻr! Tizginni tortib tushsak, oʻtib ketadi xudo xohlasa!
— Oʻzingiz bilasiz...

Olmazordan oʻtishimiz-la (bir kenglikka chiqib, gʻir-gʻir shabadalarga yuz tutib boryapmiz) otlarning boshini oʻz holiga qoʻyib berib, Sultonmurod akam atrofga suqlanib qopti. Hech koʻz uzolmaydi u kengliklardan. Hali tegirmon tepasidagi shamollarga koʻksini ochib, chayqalib-chayqalib yotgan (xuddi ustida bulutlar soyasi koʻchib yurgandek, tavba, ammo osmonda dona bulut yoʻq) bugʻdoyzorlarga, hali bu yondagi qoʻshilish tepalariga, undan u yogʻi Achchi qirlariga tutashib ketgan kunbotar tomonlarga bir gʻalati sogʻinib, ichikib tikiladi. Men oʻzim ham shu Olmazorga kelib, bu yerlardan oʻtadigan boʻlsam, anuv Foziltepadan va unga yondoshib Izzaga qadar pastlab borgan tepachalardan koʻz uzolmay qolaman. Nazarimda uzu-un, bahaybat bir ajdar Izzadan oʻrmalab chiqayotib... qotib qolgandek... tuyulaveradi. Bir mahallar shunday ertak eshitganman, oʻshaning ta’siridami yo aslida ham shundaymi, bu tepalar koʻzimga ajdarday koʻrinaveradilar.
— Ha, pakana pari, ogʻzing ochilib qopti? — dedi akam jilmayib.
— Turishi chiroyli-da.
— Foziltepami?
— Siz yonidagi tepachalar bilan birga qarang, birga koʻring, — dedim men.
— Hoʻ-oʻv, kun chiqayotganda yo botayotganda koʻrsangmi? — dedi akam bir gʻalati ta’sirlanib.
— Yoʻgʻ-e!..
— Undan keyin shomda yo boʻlmasa yomgʻir sharros quyib yotganda koʻr bu yerlarni! O, ajdarning oʻzi deysan!

Men yoqamni ushladim.
— Bilarkansizda siz ham?
— Nimani?
— Oʻsha ertakni?
— Nega bilmay? Bilmagan odamni kim yakkabogʻlik deydi?! — U otlar tizginini tortib, bir chiroyli bosh irgʻadi. — Ammo asli boʻlakcharoq.

Men tutyaunmadim:
— Nimaning asli? Ertaknimi?
— Yoʻq, Foziltepaning tarixi. Mening jonim kirib, oʻngarilib oldim.
— Ayting, ayta qoling.

U esa, oʻsha tepalaru Qoʻshilish qirlariga boyagidek bir ichikib, bir muhabbat-la tikildi.
— Mening bilganim — bu qirlar, bu tepalar ulugʻ bir davlatning eng chekka sarhadlari, ulardan qolgan yolgʻiz nishonalar. Bu yerlarda suruv-suruv otlar boqishgan. Ayniqsa, bahor paytlari, lolalar ochilgan kezlarda bu qirlar jannatning davomiday boʻlib ketgan, yashnab yotgan. U tepalar esa — Foziltepayam, Xirmontepayam, Oqtepayam — qoʻriqchi tepalarday uzoq-uzoqlardan koʻzga tashlanib turganlar. Birida oʻt yoqilsa, undan koʻtarilgan tutun narigisida bemalol koʻringan. Va oʻsha davlat sarhadlariga dushman oralamayoq uning xabari barchaga ma’lum boʻlgan. Shu tepalarda koʻkka oʻrlagan tutunlarga qarab, otlarga egar uraverishgan, lashkar jangga hozirlanib chiqavergan. Uzoq ajdodlarimiz shunaqa qudratli davlat qurishgan. Tarixda Qangʻli davlati deb ataladi u.
— Qangʻli?
— Ha-ha, bu joylar bekorga Katta Qangʻli deb aytiladimi? Oʻshandan qolgan, — dedi u koʻz uchirib.

Men yaqinroq surildim.
— Keyin-chi?

Sultonmurod akam «Eh, pakana pari, pakana pari, mening jonajon ukam, keyin nima boʻlardi», degan kabi mahzun tikildi.
— Keyin u davlatlar, u saltanatlar hammasi yemirila-emirila, biz oʻz payimizni qirqa-qirqa shu kunlarga qoldik-da! Otsiz, lashkarsiz, taxtsiz...

Shu tob biz Izzaga kelib qolgan ekanmiz, yoʻl pastlab, arava oʻzining zalvori bilan otlarni surib keta boshladi. Sultonmurod akam jon-jahdi bilan otlarning tizginiga yopishdi va tortib oʻzini orqaga tash-ladi. Otlar boshlari qayrilib, koʻzlari shokosa boʻlgancha, yoʻldan chiqib ketmaslikka zoʻr beradilar-u, ammo qadamlarini sekinlata olmasdilar. Yoʻl shu yerga kelganda changal bosgan Jimittepani aylanib oʻtib, koʻprikka tushib borar, shundan oʻtib olinsa, aravaning zalvori bilanoq soydan chiqib ketilar edi.

Ammo hozir otlar aravani emas, arava otlarni surib boryapti. Surgandayam shitob bilan pastga surib ketyapti. Bunga sari gʻildiraklar vahimali shaldiraydi. Aravaning oʻzi mana hozir toʻntarilib ketadiganday, chayqalib borib-kelyaptiki...

Men esxonam chiqib, jon holatda nimalargadir yopishdim. Va shuning barobarida hov pastda, Izzaning choʻmilish joyida suvdan chiqa oʻzini pana-pastqamu yovvoyi yalpizlar ichiga urib borayotgan qizlarga koʻzim tushib, qotib qoldim. Yo Olloh! Kim oʻzi bular? Parilarmi yo oʻzimizning shu dala qizlari? Qarang-a, choʻmiladigan payt kelibdi ekanmi? Qochishga ulgurolmay qolganlari sarosimada, kim qoʻllari bilan koʻksini toʻsganicha, kim suv oʻrtasida sekingina oʻtira qolib, kimlari koʻylagi badanlariga chippa yopishgancha, qotib turar edilar.

Biz boʻlsak, qaldir-quldir bilan oʻsha yoqqa tushib boryapmiz. Qoʻrqib ketganimdan «Oʻlibmiz!» deb oʻyladimu... jon holatda akamga baqirdim:
— Otlarni qoʻyvoring! Oʻz holiga qoʻyvoring!

Aravaning shu shaldirashiyu choʻmilayotgan qizlarning qiy-chuvida Sultonmurod akam mening ovozimni eshitdimi-yoʻqmi, bilmayman. Ammo otlar koʻzlari kosasidan chiqqudek boʻlib, osmonga sapchiydigan bir alpozda zoʻrgʻa yoʻl topib borayotgan edi, arava naq koʻprikka yetganda zarb bilan bir nimaga urildiyu men ustidan koptokdek uchib ketdim. Otlardan bittasi zorli kishnab, qizlar qichqirib yubordilar:
— Voy, oʻldi, ushlanglar!

Men yuz-boshim bilan bulturgi yovvoyi yalpiz ichiga shoʻngʻib, shaloplab suvgami, balchiqqami tushdim. Yalpiz hidi gurkirab, boʻgʻzimga bemaza suv tiqildi. Shu oʻzimni oʻnglab, boshimni koʻtaraman, deyman, qani koʻtara olsam! Qoʻlimni botqoqdan tortaman, deyman, qani tortolsam! Ammo shu payt kimdir ikki qoʻltigʻimdan dast koʻtarib olib, chimga oʻtqazib qoʻydi. Yengim bilan koʻzimni artib qarasam, chit koʻylagi hali selgib ulgurmagan bir qiz oʻtakasi yorilib, tepamda turibdi. Nuqul boshimni silab, quloqlarimni ishqaydi. Nimalardir deb hushimga keltirmoqchi-yu, eshitsam oʻlay agar. Men uni koʻriboq, angrayib qopman.

U bir paytlar boshiga shaftoli gulli uzun simroʻmol tashlab chiqib, salom qilgan... Asol xolamning oʻsha koʻhlik kelinlari edi, kennoyim edi. Uning yuzi, yo Xudo, bir tiniq, tiniqdan-tiniq ediki, umrimda bunaqa tiniq yuzni hozirgidek yaqindan, juda yaqindan hech koʻrmagan edim.

Uni yana uchratganimdan rosti, esim ogʻib qolgandi.

Yuz-koʻzlarimda jon asari yoʻqmi, nima balo, (balki balchiqqa bulanib chiqqandirman, yuz-koʻzlarimni yuvib olish kerakdir,) ishqilib, kennoyim dovdirab qopti, shoshib qolganidan qoʻltigʻimdan olib turgʻazishni ham, shunday chimga yotqiza qolishini ham bilmaydi. Nimalardir deb...

Shu tob qulogʻim jangillab ochilib, Izzaning bir chiroyli shovullashi aro uning tanish tovushini eshitib, oʻzimga keldim.
— Hoy, uka, hoy, qaynijonim, menga qarang, oʻzizga keling... — deb jovullardi u tepamda girgitton boʻlib.

Aylanib-oʻrgilishi, «qaynijonim» deyishlari biram xush yoqib, koʻzim suzildi. Qoʻrqmang, menga hech iima boʻlgani yoʻq, oʻzim shunday... Sizni koʻrib, erib ketdim, degim bor-u, demayotirman. Yana birpas erkalashini, boshimni silab, ustimda oʻlib-tirilishini istayman.

Hushimga kelganimni koʻrib, suyinib ketdi va shirin jilmayib, yelkamdan quchdi:
— Yomon tushmadizmi, ishqilib?

Uyalib ketdim va dikka turib oldim.
— Yoʻq-yoʻq, mana, otdekman.

U ham turib, koʻksiga tufladi.
— Xayriyat, xayriyat. Xudo asradi. Alhamdulilloh, deng, qaynijon.
— Qoʻrqib ketdinglarmi shuncha? — dedim dovdirab. Shunaqa uchib ketgan ekanmanmi?!
— Sekinroq aytasizmi, esxonamizni chiqarvordingiz-ku. Qolavursa... — deya yon tarafga oʻgirildi. Koʻprikdan oʻtiboq yoʻlga choʻkkalab qolgan yolgʻiz otga (berigisi ham orqasiga tisarilib ketay-tisarilib ketay deb titrab turibdi) achinib qaradi.

Bu vaqt otning tepasida akam pichogʻini qinidan sugʻurib yalangʻochlab turar, ammo qaysi tizginchani qirqishni bilmay kalovlanar edi. Ana shu daqiqada u ham biz tomonga oʻgirildi va... bir zum shunday qotdi.

Kennoyimning yuzlari lov qizardi va sarosimalanib, meni turtkiladi, qulogʻimga engashib (bir ajoyib boʻylar taratib) shivirladi:
— Choping, qaynim, qarashvora qoling. Tagʻin otdan ayrilib qolmanglar.

Shundagina koʻrdim: arava bir moʻʼjiza bilan koʻprik chetiga ilinib qolgan, otlardan bittasi turolmay urinib yotar, Sultonmurod akam esa nima qilarini bilmay najot kutib turar edi.
— Aka, shoshmang!.. — deya baqirgancha, uchib ketdim. Sogʻ otning ostidan qanday oʻtib bordim, akamning qoʻlidan pichoqni qanday tortib oldim, bilmayman. Otning boʻyintiriqlarini kesib yuborib edim, sapchib turib ketdi. Arava ham bir silkindiyu yoniga ogʻib, ustidan toqilar shaqira-shuqur Izzaga agʻdarilib berdilar. Asrayman desa, oson ekan: yukdan boʻshagan arava joyiga oʻngarildi-qoldi. Faqat, Izzani yoppa enlab toqilarimiz oqib borar, qizlar qiy-chuv bilan uni tutib ulgurishmas edi. Toqilar bizga qarashli ekani esimga tushib, men ham oʻsha yoqqa chopdim.

Sultonmurod akam hali oʻziga kelolmagan otning yonida qoldi. Dir-dir titroq badanini silab-siypab, otni aravaga qayta qoʻsha boshladi. Har-har zamonda biz tomonga oʻgʻrincha qarab qoʻyadi, xolos. Axiyri, otni qoʻshib boʻldi, sal tepaga yurgazib chiqdi va... Endi nima qiladi? Izza boʻyidagi chimzorda sochilib yotgan toqilarni aravaga ortishay desa, shundoq ham qizlar undan uyalib suvdan chiqisha olmayapti. Qarashmay desa, bir oʻzim qachon tashib boʻlardim? Nihoyat:
— Sen otlarga qarab tur, pakana pari, men tutzordan bir-ikkita novda kesib kelay, — deya katta tepaning orqasiga qarab yurdi.

Sultonmurod akam nari ketishi bilan qizlar ham apil-tapil suvdan chiqa boshladi. Kim etagini siqib, kim sochlarini tuzab, naridan-beri oʻzlariga oro berar, ayni choqda nimadandir hurkib turar edi ular.
— Yoʻgʻida ketib olaylik, qizlar? — dedi qora yuzli bijildogʻi. — Senlarga qarayman deb... sal qolsa, Izzaga qulay dedi boyaqish.
— Oʻzlaringam yigit kishini boshini aylantirvorasanlarda boʻz koʻylakda, — dedi boshqasi.
— Oʻ-oʻl, sen juda sipomisan? — deb hammalari kulishdi.
— Boʻldi! Indamasa aynivotsanlar, undan koʻra, ortishvoringlar, — dedi kennoyim — Asol xolamning kelini.

Toqilarni terib, qoʻllariga taxlasharkan, bijildoq qiz kelinoyimga tegishdi:
— Jigarlaridan urganmi, nima balo, yordamlashgilari kepqopti?..

Qizlar qiqirlab kulishdi, kennoyim uni quvdi:
— Hu tilginang kesilsin, bichib-toʻqigan!.. qarindoshim-ku u.

Bijildoq yana nimadir deb Izzaning bu betidan u betiga qochdi.

Men ot jilovini tutgancha, hali unisining qiligʻidan, hali bunisining gapidan esim ogʻib turardim. Nihoyat, ish tugadi. Haligi bijildoq qiz soʻnggi quchoqni aravaga keltirib tashlab, kaftini qoqarkan:
— Ana, boʻldi! Endi akachangizni chaqiravering, uyalmasinlar, biz ketdik, — dedi allaqanday tegajogʻliq bilan.
— Ketdik-ketdik, izimizniyam topolmasin, — dedi kennoyim unga qoʻshilib.

Ular jovur-juvur bilan koʻprikdan chopib oʻtdilaru koʻz ochib yumguncha Jimittepaning orqasida gʻoyib boʻldilar. Jiydazorning ichiga urib ketdilarmi yo changal gullari orasiga yashirinib yoʻq boʻldilarmi, bilolmay ham qoldim.

Sultonmurod akam bir dasta novda koʻtarib qaytganida, hayhotdek soylikda yolgʻiz oʻzim turardim.

Otlarning jini boʻladi degan gap rost shekilli. Oʻzi zoʻrgʻa qutulib oldi-yu, hech jim tura qolmaydi.

Hali dumini yelpib, choviga shilp-shilp uradi, hali orqa oyoqlarini betoqat koʻtarib tashlaydi. Men jilovidan tutib turganim esa, soʻligʻini chaynab, hadeb yoʻl yoqasidagi chimga talpinadi.

Bunga sari arava gʻichirlab, qiyamalikda dam oldga, dam orqaga borib-kelyapti. Yuk orqaga tortib ketmasaydi deb jonim halak: akamning yuziga qaraganim-qaragan.

Nihoyat u hech gap boʻlmagandek qaytib, novdalarni eshib-eshib, aravadagi yukni har ehtimolga qarshi tortib bogʻladi-da, otlarga erk berdi:
— Ha, qani, jonivorlar! Oʻzimning jiyronlarim, tortdik!

Arava gʻichirlab borib, tezlab ketdi. Yugurishib, ustiga chiqib oldik. Shundan keyingina Sultonmurod akam chiroyli moʻylovini silab, kulib qaradi.
— Qoyilman senga, pakana pari. Otni vaqtida boʻshatib yuborib, meni bir xijolatdan qutqarding-da. Izzaga tortib ketganda bormi, hoʻ-oʻ...
— Oʻluvdik, — dedim men.
— Oʻlish ham gapmi? Anuv qizlarning oldida yerga kiruvdik!
— Shuni ayting! Oʻzi Choʻmilishda bir maza qilaylik, debmiz-u, Xudo xohlasa, demabmiz-da.
— Egalari borligini qaerdan bilibmiz, — dedi kulib. Keyin asta qayrilib soʻradi: — Rostdanam haligilar oʻzimizzi qizlarmidi yo hurilarmidi?
— Oʻzimizning Kattabogʻning qizlari, — dedim xiyol ikkilanib.
— Unda anuv ohu... seni bulokdan tortib olgan qiz kim? Taniysanmi uni?
— Nega tanimay? Asol xolamni... olti oylik kelinlari-da.
— Qanday kelinlari? — U azza-bazza otlarning tizginini tortib qaradi: — Bahriddinning chimildiqda qolgan xotinimi shu?
— Oʻsha, — dedim nimaga soʻrayotganini oʻylamay ham. — Bahriddin akam topilmagach, ketib qolgan.

Sultonmurod akam koʻzlarini bir daqiqa yumdi. Soʻng otlarning tizginini boʻsh qoʻyib, behol silkiladi:
— Chu, jonivor...

Barzan

Biz bogʻ etagiga, shundoqqina koʻcha yoqasiga toʻxtaganmiz. Akrom togʻam bilan Axyor togʻam aravadan yukni tushirib olishyapti. Tuproq koʻcha yoqalab ergashib kelgan anhor shu yerda, azim yongʻoqlar tagida kechikka oʻxshab yoyilib oqadi: salqini ufurib yotibdi. Keyin u sal nariga borib, koʻprik tagiga, undan allakimning uyi osti bilan hovlisiga kirib ketadi. U yogʻiga qayoqqa borishini bilmayman.

Hech koʻrmagan ekanman: shu yerdan Izzaning narigi yogʻidagi oʻsmarang olmazoru surmarang yongʻoqzorlarga-cha, uning yonidagi soya-salqin tolzor koʻchamizu mitti qoʻrgʻonimiz va sal teparoqdagi xarobazorgacha barcha-barchasi koʻzga yaqqol tashlanib turar, judayam yaqinga oʻxshab tuyilar edi. Balki oʻzim tugʻilib oʻsgan joylar boʻlgani uchun shunday olovday koʻrinayotgandir. Ustiga-ustak, bugun oʻsha yoqlardan koʻchib ketayotganimiz, ota yurtni tashlab, togʻalarimiz qavatiga qaytayotganimiz uchunam u joylar bir aziz koʻrinmoqdadirlar. Bugina emas, koʻnglimning bir chekkasi nima uchundir gʻash tortib turibdi. Ichimda yigʻi uygʻotadigan bir kuy, bir oʻksiklik tugʻilib kelmoqda. Uni ota yurtdan koʻchuv, ayriluv kuyi deb atamoq kerakmi yoki bolalik bilan xayrlashuv demoq lozimmi? Ishqilib, koʻzimda yosh aylanmoqda, ammo shu yosh ortidan ham u oʻsmarang olmazor bilan surmarang yongʻoqzorni, soyaga gʻarq boʻlib yotgan tolzor koʻchamiz va jondan aziz tomlarni aniq-tiniq koʻryapman. U joylar shunchalik uzoqda, Izza soyining narigi yogʻidagi sabzarang dalalar ortida boʻlsalar ham, yaxshi ajratib turibman. U joylar endi bir umrga oʻsha tomonda qoladilar. Juda-juda sogʻinib ketsam, shu anhor boʻyiga chiqib, soatlab oʻsha yoqlarga tikilib oʻtiraverishim mumkin. Men u yerlarda bir nimamni, hatto togʻam hadya qilgan pichoqchadanda gʻoʻrroq bir narsamni qoldirib kelganga oʻxshayman.

Shu mahal Olmazordan tikka Izzaga tushib kelgan moʻlda otining oyogʻi yerga tegib-tegmay (ammo orqasidan vngil chang havoga oʻrlab) uchib kelayotgan otliqqa koʻzim tushib, dong qotdim. Egarga qapishvolgan, toʻnining ikki bari shamolda shunaqa parpirab kelyaptiki, tagidagi otmi yo qanotli bir narsami — ajratib olchi. Sal goʻr bersa, bu jonivor, oyimlar aytmoqchi, Sulaymon paygʻambarga koʻrsatilgan uchqur otlar kabi havoga uchib, osmonu falakka koʻtarilib ketishi mumkinday.

Men oʻrnimdan irgʻib turib ketdim:
— Uni qarang, uni qarang, Sultonmurod aka!.. Sultonmurod akam koʻchaning shu betiga oʻtib kelib, kaftini peshonasiga qoʻygancha, turib qoldi va birdan:
— Iya, Barzan-ku! Oshnamiz-ku! — dedi hayratini yashira olmay. — Shuncha soʻrasam mindirmovdi. Oʻzlariga mumkin ekan-da!
— Kim dedingiz?
— Kim boʻlardi, Haybat akang-da.
— Ha-a, — dedim: otini qizgʻonmagan chavandoz chavandozmi!
— Barzanmi oʻsha?! Bu dunyoning otimas, qarchigʻay bu, qarchigʻay! — dedilar Akrom togʻam yuz-koʻzlari yorishib.
— Qoʻyaver, jiyan. Oʻzim biir Keles tomonlarga opchiqaman seni. Ana oʻshattada otning zoʻri. Bularga elanma, — dedilar Axyor togʻam.

Hamon qanotli otday uchib kelayotgan Barzandan koʻzini uzolmay turgan Sultonmurod akam:
— Ming qilsayam Barzan — Barzan-da, — deb qoʻydi. Izzaning yoʻliga tikilib oʻtirib, haligi qanotli ot soylikka shoʻngʻib ketgancha birdan qayoqqa yoʻqolganini bilolmay qoldim. Mana, hozir bu yoqdan, Qayumbek amakining pastidagi yoʻldan uchib chiqadi, desam, badar ketyapti. Nima balo, Haybat akam otni Izzada choʻmiltirgani opkelganmidi? Yo uyam bizga oʻxshab soyga quladimi uchqur otini eplay olmay? Balki hozir...

Ichim gʻurmishlab boryapti. Otmisan ot ekan oʻziyam! Bir minib koʻrsam, armonim qolmasdi.

Faqat menmi desam, suv yoqasida choʻnqaygancha, qoʻlini chayib oʻtirgan Sultonmurod akam ham xayoli ogʻib qopti. Bir payt menga koʻzi tushib, shirin jilmaydi va qaddini koʻtarib, yelkamdan yengil quchdi.
— Ketdikmi, pakana pari, haligi parilar uchib ketmaslaridan? Anavi Barzan ham joʻnavormasidan boraylik endi.
— Ha-ha, ketdik, — dedim men uchib-qoʻnib. — Tezroq borib, Barzanni bir koʻraylik.
— Ha, xolavachchalar, tinchlikmi? — dedi Axyor togʻam, bizning shovqinimizga oʻgirilib.

Sultonmurod akam aravaga qoʻshilgan otlarni anhorning pastak yeriga tushirib qoʻyib, sugʻorayotgan edi.
— Tinchlik-tinchlik, ammo biz koʻrgan narsalarni siz ikki dunyodayam koʻrmaysiz. Toʻgʻrimi, Maqsud? — dedi ma’noli koʻz qisib. — Bizni qachondan beri kutib yotishibdi. Ana, Barzanni ham chaqirib olishdi, koʻrdingiz-ku. Toʻgʻrimi, Maqsud, — deya otlarni tislatib, yoʻlga soldi-da, tizginni silkiladi. — Ketdikmi parilar mamlakatiga?

Otlar boʻsh aravaning gʻildiraklarini bir koʻtarib tashlab, hali tuprogʻi oʻynamagan koʻchadan yoʻrgʻalay boshladiyu men chopib borib, aravaga bir amallab chiqib oldim. Anhor ustidagi koʻprikdan ham dupirlab oʻtib, pastga shoʻngʻidik. Sultonmurod akam oyogʻini kerib olgan. Tik turgancha, tizginni qoʻymay:
— Choʻ, jonivorlar! Bormisizlar! Oynonib ketay, boʻsh kelmaysizlar! — deb qichqiradi. Qiyqirib kuladi. Qalaysan, pakana pari, deganday orqasiga qayrilib qoʻyadi. Qoshlarini oʻynatib, koʻz qisadi. Ishqilib, oʻzida yoʻq xursand.

Tolzorga yetganimizda boshini bir yonga egib, tizgingayam boʻy bermay borayotgan qizil yoʻrgʻa soylikni jangillatib kishnab yubordi. Shu zahoti uning aks-sadosiday Izzaning narigi betidan bundanam kuchli kishnoq yangradi.

E-ha, Izzaning narigi betida chopiq qilayotgan qizlar yoʻl yoqasidagi jiydalarning tagiga chiqib olishgan, ariqning bu betida esa, Barzan goh gijinglab chir aylanar, goh oldingi oyoqlarini osmon baravar koʻtarib, orqa oyoqlarida tik turib olar edi.
— Qizlarga tomosha koʻrsatgani opkelgan ekanda Haybat akang?! — dedi Sultonmurod akam birdan rangi oʻzgarib va kutilmaganda otlarning boshini chimzorga burdi.
— Yaqinroq boraylik, — deb yalindim men.
— Boraver oʻzing, — dedi u ensasi qotib.

Oʻzi esa pastga tushib, otlarning soʻligʻini chiqarishga alahsib ketdi. Hozirgina Barzanni koʻklarga koʻgarib maqtab turgan odamni birdan nima jin ura qoldi ekan?

Men Barzanni judayam koʻrgim bor edi. Aravadan ajrab tushdimu narigi betga yugurgilab ketdim. jimittepani oshib, changallar orasidan chiqib borsam, oʻh-hoʻ, zoʻr tomoshaning ustidan chiqibman. Toʻpiqlari birday oppoq, tanasi qizil jezday yaltiroq, peshona-siga yulduz kabi qoʻngan goʻzal oq xoli gʻoyat yarashiqli Barzan Margʻu kennoyimning qoʻlidan bir nimalar kemshimoqda edi. Egarda Haybat akam magʻrur oʻtiribdi. Chopiqchi qizlar uch-toʻrt qadam narida otning haybatidan hurkib turishibdi. Bir-birlarining pinjilariga kirib ketgudek tiqilishadi, kennoyimga «Qoch, Margʻu, oʻlasan»lab chugʻurlashadi. U boʻlsa, otga bir kaftini tutib turibdi-yu, ikkinchi qoʻli bilan uning peshonasini — «yulduzi»ni silab-siypaydi. Erkalab, yengil shapatilaydi. Shu tob Barzan ogʻzidagi narsani qasir-qusur chaynab, bir pishqirib yubordi. Kennoyim beixtiyor ikki qadam nariga sakrab ketdi. Qizlar qichqirib qochishdi. Haybat akam avvaliga xoholab kuldi, soʻng kulgisini bosib, kennoyimni chaqirdi:
— Siz bunga mehribonlik qildiz, endi buning rahmatini olmaysizmi? Qoʻrqmang, sizga rahmat demoqchi-ku.

Kennoyim hayiqibgina bir qadam olgʻa bosdi.
— Kelavering, yeb qoʻymaydi.

Kennoyim kaftlarini ochib, koʻkragi baravar koʻtargan edi, ot ham ikkala oyogʻini azot koʻtarib, orqa oyoklarida tikka turdi va uch bora salom va rahmat berib, soʻng asta tisarildi va oʻynoqlab, joyida gir aylana boshladi. Qizlar chapak chalib yuborishdi:
— Qoyil, qoyil!

Shuning barobarida pastdan doʻpira-doʻpir va shaldira-shuldur shovqinlar bilan Sultonmurod akamning aravasi otilib chiqdi. Barzan ham, bizlar ham hurkib ketdik. Ana xolos! Nima qilmoqchi oʻzi?

Barzan turgan yerida gir aylanib, birdan osmonga sapchidi va oldimizdan oʻtib ulgurgan aravaning ortidan uchib ketdi.

Birpas uch ot qoʻshilgan aravaday yonma-yon yelib borishdi, soʻng Barzan ilgarilab, Haybat akam toʻnining barlari xuddi boyagidek shamolda par-paron oʻynab, qoʻshqanotga aylandi. Ot koʻkka oʻrlab uchib borayotgan haybatli qushga oʻxshadi-qoldi.

Ikkinchi boʻlim

(Muqaddima Davomiga)

Bilmabmiz: biz koʻz ochib koʻrgan diyorlar xoʻb gʻarib ma’vo ekan. Bugun bor, ertaga yoʻq deganday...

U diyorda jondan aziz narsalar koʻp edi. Hammasini bitta-bitta boy berib qoʻyibmizu, mana, ma’yus xotiraday eslab oʻltiribmiz...

Qolaversa, ular kimga buyurib, kimga vafo qilibdilarki, judo boʻlganimizdan achinsak, kuyunsak?! Hammasi ham koʻzimizga toʻtiyodek aziz edi, sadqai koʻzyoshlaring deyolmasdik. Ammo...

Yodimda: Dovlat laqabli itimiz boʻlguchi edi. Arslon deb atasak ham arzirdi, qoplon deb chaqirsak ham yarashardi. Shunaqa — oyoqlari yoʻgʻon-yoʻgʻon, oʻzi kal-tabaqay, zoʻr it edi. Anhorlarni, devor nahralarini koʻrdim demasdi, qoplonday sakrab oʻtib ketavurardi. «Xudo bunga haybatdan bergan. Haybatidan ot tugul, odam qoʻrqadi. Nima balo, devlar naslidanmi bu?..» — derdilar oyim. Bunga sari Nusrat pochcha boshlarini saraklatib, ta’sirlanib-ta’sirlanib kular edilar: «Bejiz Dovlat deb atamabsiz, Salomxon, bejiz atamabsiz. Dovlatdan qoʻrqmaydigan odam bormi?» derdilar allaqanday sirli-sha’mali qilib.

Oʻsha itimiz hirsday boʻlgani bilan kuchuk bolalarday oʻynashchoq edi. Boʻyim baravar-boʻyim baravar sakray boshlasa, ustimga bosib tushmasaydi, deb hayiqib turardim. Supagami, koʻchagami — balandroq yerga qochib qutulishni koʻzlardim. Ammo qayoqda! Dovlat bir oʻynashishga tushmasin, toʻxtatib boʻlmasdi.

Menam axiyri chalpak doʻppimni atayin tushurib yuborib, uning ta’qibidan qutular edim. Dovlatga shu kerak, doʻppimni tishlab qochishga ishqiboz. Quvsam, gir aylanib qochavuradi: bermaydiyam, tutqazmaydiyam. Axiyri yigʻlagudek boʻlib oʻtirib olsam, u ham yotib oladi-da, doʻppimni oyoqlari oʻrtasiga olib, avval yolgʻondakam, keyin chinakamiga piypalashga tushadi. Ora-chora qarabam qoʻyadi jahlimni qoʻzgʻab.

Menam bittagina doʻppimni unga piypalatib qoʻyarkanmanmi? Sakrab tura, «Tashla! Ber-chi, ber»lab qupib qolarman! Dovlat esa, yana tishlab, gir aylanib, xaloplab qochishga tushadi. Qani bersa!.. Axiyri bitta tayoq topib, doʻqayib bormagunimcha tashlamaydi.

Ana shunday ajoyib itimiz bor edi. Men uning koʻksini toʻldirib, astoydil «hovf-hovf»lab (!) vovullashiga borman. Uning ovozini eshitganda hatto katta koʻchada ketayotganlar taqqa toʻxtab, olazarak boʻlib qolishardi. Unaqa-bunaqa odam yurak yutib, yaqiniga yoʻlamasa, boshqasi yetti koʻchani aylanib oʻtishga majbur edi. Shu Dovlat tufayli nalogchiyam, tabelchiyam bizning eshikka oʻylashib chaqirib kelardi. Oʻgʻri-ku bir chaqirim naridan yurardi.

Shu itimizning bitta aybi — nafsi yomon edi.

Kim nima tashlasa, xap etib yutib qoʻya qolardi. Bergani porami, aldovmi — farqiga borib oʻtirmasdi. Men bunaqa ochkoʻz, yebtoʻymas itni koʻrgan emasman.

Shunga qaramay Dovlatning ishqibozlari koʻp edi. Nima qilsalaru ilib keta qolsalar! Ammo Dovlat anoyimas, olib kelgan shirinliklari, poralar tugaguncha ergashib boravuradi-da, boʻyniga qoʻl yuborishlari bilan arslonday irillab beradi. Ana keyin oʻtakalari yorilib, qochishlarini koʻring. Soʻng Dovlat ikkinchi u odamni yaqiniga yoʻlatmaydi. Uzoqdanoq hurpayib, irillab kelaveradi. Men shunisiga borman. Aqli balo edi uning.

Ammo bir kuni qaysi oʻchakishgan (!) shu itimizga nina berib ketibdi. Shu yoʻtaladi, shu oʻxchiydi, boshini har devorlarga uradi, qani, qutulsa! Axiyri, tumshugʻini yerga berib, yotib oldi.

Koʻksovdek yoʻtalaverib, ingillab gʻingshiyverib... bir haftada qopday shalvirab qoldi. Koʻzidan oqqan yoshlarni koʻrsangiz, moʻltirab tikilishlarini koʻrsangiz...

Qaysi bir kechasi uch marta uvlaganday boʻldiyu (balki tushimda koʻrgandirman, gʻingshigani uvlaganday tuyulgandir), keyin tinchib qoldi. Ertalab tursam, hech yerda yoʻq. Na loshi, na izi qopti (!) Shu yoʻqolgancha, qaytib qorasini koʻrsatmadi, badar ketdi Dovlat...

Keyin Haybat akam «Sizlarga xonakisi ham boʻlavuradi ekan», deb (!) mushukboladay bir targʻil kuchukcha olib kelib berdi. Qurmagʻur juda pitir-pitir boʻlib, shirin edi. Shirinligi ham mayli, boʻynidagi tumordek oq xoli biram yarashgan, yoqimtoyki... Oʻz-oʻzidan uni Boʻynioq deb chaqira boshladik. Qarangki, hech qancha oʻtmay, tumori qorday oqarib, oʻzi pista koʻmirdek qora tortib ketdi.

Izzaning bu yogʻiga, togʻalarimiz qavatiga koʻchgan vaqtimizda u qayoqqa borsak, orqamizdan qolmaydigan pitrak mahali edi, aravaning orqasiga bogʻlangan targʻilimizga ergashib bu yoqlarga keldi. Izzani koʻrdi, bedapoyalarning ichiga urib kirib chiqdi. Sharqiroq ariqlarni kechdi. Shu-shu sigirga ergashadigan boʻlib qoldi.

Men uni mol boqqani tushganlarimda ergashtirib Izzalarga optushar edim. Sigirimning arqonidan tortqilab yurgani-yurgan edi. Shunda kuchi yetmasa deng oldidan aylanib oʻtib, akillab qaytara boshlaydi. Ammo bekor qolmasin, qoldi deguncha Izzaning u betidan-bu betiga sakrab, oʻzini oftobga solib yotgan qurbaqajonlarni, moshak qushlarni quvishga, quvib oʻynashishga ishqiboz. Ba’zan esa paydo boʻlib qolgan tuproq uyumi ostidan koʻrsichqon inlarini topib olib kavlay ketadi. Ishqilib, oʻzini zeriktirmas, zerikmas edi.

Ancha yillar oʻtib, biz yana koʻchadigan boʻldik. Ammo Boʻynogʻimiz qani endi joyidan jilsa!.. Qangʻlidan berilgan yangi joyimizga qani oʻrgana olsa!.. Katta-bogʻdagi uyimizning tomini ochib, yuklarni olib ketib boʻlganmiz, u yoqda hovliga chodir tikib, biyday joyda loy changallab uy qurib yotibmiz, Boʻynoqvoy erta sahardan yoʻqolib qoladi. Kun tikkaga kelar ham, nayzadan oshib oʻtar ham, u yoʻq. Allamahalda tili osilib, harsillab kirib keladi.

«Ha, ogʻayni, bu nima qiliq?» deb oʻqrayib qarashimni bilaman, xuddi, bir qoshiq qonimdan kechinglar, degan kabi yerga yota oyogʻim ostiga bosh urib emaklab kela boshlaydi... Koʻzlari moʻltiragan, harsillab, bir surinadiki... Ahvolini koʻrsangiz! Balchiqlarga bulanib, shiltasi toza boshiga chiqibdi. Boʻynidagi tumori demasa, gʻirt begona...

Bir gal qattiq tanbeh berdim;
— Ha, seni qarayu! Izzada pishirib qoʻygan ekanmi?! — dedim tovushimni koʻtarib. Boʻynoq yerga battar qapishib, yana oyoqlarim tagiga emaklab keldi. U okdan oyim oʻrtaga tushdilar:
— Qoʻy, bolam, soʻkib-netma, oʻrganibam qolar. Kechvorolmayotganda u yoqlardan boyaqish...
— Hammayoqni algʻov-dalgʻov qilib, surib tashlab, boʻlishdi-ku, nimasiga boradi?! Bunaqada bir kunmas-bir kun mashinaning tagida qolib ketadi buniyz.
— Qoʻy, yaxshi nafas qil, bolam. Bir-bir aylanib, yozilib kelayotgandir-da.

Boʻynoq goʻyo poʻpisamni tushunadigandek:
— Arqonga solib qoʻyaman, shunaqa qilavursa... ketib qolavursa! — dedim. Soʻng «uzri»ni qabul qilgandek, «bor!» deb oʻshqirib berdim.

Boʻynoq aybdor boladay, koʻzimga qarayolmay, devor tagi bilan pastga surindi.

Ertasiga ertalab tursam, yana yoʻq. Odatdagidek, kun chiqmasdan izgʻib ketibdi oʻsha yoqqa. Hali kelsin, bogʻlab qoʻymaganam nomard, deb jigʻi-biyronim bir chiq-dp-yu, yana ishga urinib ketdim.

Kun tigʻdan oʻtib, soyalar aylandi. Oftob zavolga yuz tutib, shomga yetib bordi. Ammo Boʻynoqdan darak yoʻq edi. Kelib qolar bilan qorongʻi ham tushdi. Xufton boʻldi. Yoʻq.

Oʻshqirganimga arazlab, eski qoʻrgʻonimizdan kelmay qoʻydimi, deb ich-ichimdan afsuslandim. Bir umr oʻsha yoqda qolmas-ku, kelar-ku, axir, deb yotdim. Yoʻq, ertasigayam, indinigayam qorasini koʻrsatmadi. Axiyri, izlab borishga majbur boʻldim.

Qarangki, u yerdayam yoʻq edi. Kechasi biron yerga kirib yotgandir, desam, iziyam yoʻq. Ini-ku tomi ochib tashlangan uyimizdan ham battar huvillab yotibdi. Bu yaqin orada bosh suqqan emas. Ichim shigʻ etdi.

Bir oyoqli laylaklarga oʻxshab qoʻqqaygan kranlar tagi bilan va chala bitgan doʻmlar oralab (ilgarigi bedapoya yoqalab) Izzaga tushib boryapman. Bu yoqda ikki surma shovqini olamni tutib, Qayumbek amakining tepaligidagi yongʻoqlarni qoʻporib yotibdi. Tepani ham surib tashlashadi shekilli. Ana, bir yongʻoq qarsillab, agʻanab, shoxlari bilan oʻsha «temir qoʻngʻiz»ning ustiga bosib tushdi. Lekin shunda ham u shoxlar orasidan oʻrmalab chiqib, bu tomonga aylanib oʻtdi-da, iddiz-pildizi bilan jarga surgab ketdi. Esiz tepa, esiz yongʻoqzorlar. Tepaning pastidagi jiyda qatorni-ku shunday-la koʻmib tashlashibdi. Har yer-har yerda tuproq uyumi orasidan shox uchlari chiqib turibdi...

U yoqdagi oʻrikzor, Siddiq arrakashning bogʻi, ishkomlari Izzaga qadar shu ahvol — kundakovga tushgan, itirqini chiqib yotibdi.

Ichim achib, qadamimni tezlatdim. Ammo bu yoqda soylarga ham it tegib boʻpti: boyagidaqa «qora qoʻngʻiz»lar tepalarni surib, jarlarni changitib yotibdi! Tar-tar ovozlari Qoʻshilishga oshiqqan suvning sharqirashini ham koʻmib ketgan. Suv xuddi bu tepalar ostida qolib ketishdan qoʻrqib, pastga qochib borayotgandek, chopadi-chopqillaydi. Izzaga sigʻmaydi...

Oh, dedim, suvki bu dahshatdan bosh olib qocha bosh-labdimi, boshqa narsalarga toʻzim bersin! Endi bir paytlardagidek kechalari Izzaga toʻsatga tushishlar yoʻq, kunduzlari baliq haydab ovlashlar yoʻq ekan-da?!. Endi u choʻmilish joylarda itbaliqday yayrashlar, muzlab ketib, qaynoq tuproqqa bagʻirni berib yotishlar... yoʻq ekan-da?! Endi biron tolning soyasiga oʻtib, chimga agʻanagancha kitob oʻqishlar, Mimitbuva bilan suhbat qurishlar... yoʻq ekan-da?! Soy boʻyiga uzala tushgan Yoʻlbarstepa ustida chalqancha yotib, osmoni haftimda soʻfitoʻrgʻaylarning chuldirashiga quloq berishlar, olamni unutishlar... yoʻq ekan-da?! Boʻynoqning uydan qochib, bu yoqlarga tentirab ketishlari, kunlab yoʻq boʻlib qolishlari bejiz emaskan-da! Vidolashgani bu yoqlarga kelayotgan ekan-da! Oʻzi qaerlarda qoldi ekan? Moshina-poshina urib yubormadimikan ishqilib? Tirikmikan?

Nazarimda, u hozir meni koʻrib, Izza boʻyidagi botqoq oʻtlar ichidan, moshak qushlarni quvib-uchirib yurgan joyidan otilib chiqib keladigandek, nariroqda bir silkinib olib, keyin atrofimda girdikapalak boʻlib, qoʻlim baravar sakrab oʻynasha ketadigandek edi-yu, chiqa qolmasdi. Men esam, hali surib boʻlinmagan Jiydalitepa ustiga chiqib olib, «Boʻynoq»lab chaqirmoqchi boʻlaman-u, xaroba tepaga chiqib borarga holim ham, madorim ham yoʻq. Boʻynoq allaqaysi jar yo jurda, tuproq uyumi ostida qolib ketganini, bu yerlardan kechib ketolmaganini anglab turibman. Lekin tan olgim yoʻq. Aqlim bovar qilmaydi, bir itning koʻz ochib koʻrgan yerlarini tashlab ketolmaganiga... kecholmaganiga...

Uyga boriboq oyimlarga yorildim:
— Oʻsha kuni zanjirlab tashlasam boʻlarkan. Bir kun gʻingshirdi, ikki kun gʻingshirdi, koʻnikardi, axir, — dedim achchigʻimdan tusholmay.
— Boʻynoqmi? — dedilar oyim nima demoqchiligimni oldindan anglab. — Siyogʻidan ma’lum edi. Hali-beri koʻnikolmasligi. Odam emas-da, bolam...

Beixtiyor Toʻlavoy qozoqni eslab ketdim.

Yoshi ham oyimlar tengi, lekin buzilgan qoʻrgʻonidan beri kelmay, kelolmay yuribdi-ku. Xudoning bergan kuni oʻsha yerda. Kun yuz koʻrsatmasdan borib oladi. Qoʻrgʻonidan hech vaqo qolmagan: vayronasini ham bir chekkaga surib, doʻngtepa qilib qoʻyishibdi. Uyi bukilganidan beri kichkina tortib ketgan chol qoʻlini orqasiga qilvolib, oʻsha tepa atrofida aylangani-aylangan. Chiviq topsayam chekkaga, guvala uchratsayam, bir yonga toʻdalaydi. Ba’zan esa, surib tashlangan uyning oʻrnida chalpak doʻppisini tizzasiga qoʻndirgancha, soatlab yer chizib oʻtirib qoladi. Nima izlaydi, nimadan koʻngil uzolmaydi, miq etib birovga ogʻiz ochsa-chi, yoʻq! Har kuni kelgani-kelgan, oʻtirgani-oʻtirgan.

Birovlar «Toʻlavoy qozoq otasidan qolgan xazinadan umidvor», desa, boshqalar «Xeh, ulardan nima qopti, hammasini anavi kov-kovda bitta qoʻymay opchiqib ketishgan-ku», deydi. «Qatiq toʻkilsayam, yuqi qoladi-ku, bironta koʻzacha bordir-da», deydiganlar ham yoʻq emas. Ishqilib, Toʻlavoy qozoq nima yoʻqotgan, nima izlaydi, nimadan kechib ketolmaydi — hech kim jiddiyroq oʻylab koʻrmaydi.

Oʻzi ham miq etib birovga ogʻiz ochmaydi! Vayronada kezingani-kezingan. Esi kirarli-chiqarli boʻlib qolmasa edi, koshki, deymiz biz.

Azbaroyi achinib, oyimlarga aytib berib edim: — Ilohim, Xudoning oʻzi toʻzim bersin. Inson har yoʻqotganiga aza ochaversa, bir umr azador oʻtib ketardi-ku. Tugʻilgandan beri judo boʻlgan narsalarimizni sanab adogʻiga yetib boʻlarkanmi?! — dedilar. — Bu joylar hammadan ham qoladi. Hech kim orqalab ketgan emas. Bu judolik beshikdan «chin uy»gacha-yu, inson tushunmaydi-da, bolam, Tushunsa, yoʻqotganiga achinmasdiyam, kuymasdiyam. Qaytaga amallarini chiroyli etardi...

Oyimning zohiran xotirjamliklari ostida qanday tugʻyonlar kechayotgan boʻlsa?! Beqiyos sabrlari tagida nechogʻli iztirobu alamlar bosilib yotgan boʻlsa! Xayolimdan men yoʻqotgan eng aziz narsalar birma-bir oʻta boshladi: togʻam hadya qilgan oʻsha pichoqcha ham, quloq radyolimiz, eski uylarimiz ham; Dovlat laqabli itimiz, bogʻimiz ortidagi chetini safsar gullar bosib ketgan oʻsha hovuz, tolzor koʻchamiz ham... yana Mahamad nalugchi sandugʻimizni ochtirib opketgan, men bolamas da kiygan zar toʻnim, ukparli doʻppim, surib, koʻmib yuborilayotgan Izzada bedarak yoʻqolgan Boʻynogʻim koʻz oldimdan aylanib-aylanib oʻtar edilar. Koʻ-zim esa jiqqa yosh...

Biz esa, nihoyati Yakkabogʻdan Kattabogʻga — togʻalarimiz qavatiga koʻchib borar edik. Hali Boʻynoq ham yoʻqolmagan, hali u soylar sharqirab-yashnab yotar edi. Hali Barzan Sulaymon paygʻambarga koʻrsatilgan otlar singari uchib yurar edi u soy yoqalarida. Hali Izzada qizlar oʻgʻrincha choʻmiladigan Choʻmilishlar omon edi. Sultonmurod akam demaganlar «Bu ohu kimning ohusi?», deb soʻroqlab yurgan kezlar edi. Begʻubor, betashvish damlar edi, safoli kunlar edi...

Qizil Taram Olmaning Egasi

Togʻam bir ishni boshlamasinlar ekan, birovgayam tinim bermaskanlar, oʻzlariyam tinchimaskanlar.

Biz «begona joy»da — Sapura kennoyimning uylarida bir kecha yotdikmi-yoʻqmi, ertalab tursak, usta kepti.

Oyim ustaga bir piyola choy hozirlagunlaricha qarindoshlar «Hormanglar-ov, oʻrtanglar toʻlsin-ov», deb kirib kela boshlab, yangi joyimizni ham odam bosdi.

Keyin Usmon togʻam «er egalari, joy egalari, buva-buvakalonlarimiz ruhi poklariga» bagʻishlab Qur'-on tilovat qilgach, oq fotiha berib, hamma ishga yopishdi: kim loy qorgan, kim reja tortgan, kim gʻisht tera boshlagan.

Togʻam topgan ustalari ham bir ajoyib fe’lli, jahli tez odam ekan. U hammani shoshirib tashlagani-tashlagan, kim didiga yoqmasa, haydabam yuboraverardi. Bu yoqda kun yondiraman deydi-yu, u kishi «Ha, boʻl!» deb qistashini qoʻymaydi... Axiyri kun tikkaga kelib, soyalarimiz oyoq tagiga qochib kirgan mahal — hammani katta tol tagidagi bogʻsupaga tushlikka chorlashib, bizga ham ozodlik tegdi. Men loychelakni itqitib, koʻchaga — anhor boʻyiga urib ketdim. Suvga yotib olib, rosa baliq boʻlayotsam, qayoqdandir ishshayib Soli yetib keldi. Yongʻoqning doʻmpayib chiqqan ildiziga oʻtira boshlagan edi, imladim:
— Tush. Maza boʻpti suv.

Soli tilini takillatdi:
— Bir joyga oʻtib kelay.

Bir shumlikni boshlash payida ekanini sezib:
— Qaerga? — deb soʻradim.

U koʻzlarini oʻynatib, tovushini pastlatdi:
— Bilasanmi, bir yerda... chillaki... Men qoʻl siltadim.
— Chillaki uydayam bor, Usmon togʻam opkeptilar.

U sirli ishshaydi:
— Yana bir yerda... qizil taram olma...
— Halitdan-a?
— Qizarganda qandoq! Koʻzing oʻynaydi!
— Qaerdaykan?
— Sir bu...
— Rostingni ayt!
— Oʻlay agar! Shunaqa qarsillaydiki...
— Ketdik!

Suvdan otilib chiqdim. U ham sakrab turdi. oldinma-ketin quvalashib ketdik. Pastak devorlardan oshib, ishkomlar orasiga tushib oldik, barra oʻtlar tizzaga urib yotibdi. Kimsasiz, salqin tolzor koʻchani kesib oʻtib, allaqanday hovuz boʻyiga yetib bordik. Soli bosh sermab imladi:
— Bu yoqqa.

Gadoytopmas bir chakalakzorga kirib bora boshladik. Bogʻ qarovsiz edi. Behiyu olcha shoxlari bir-biriga matashib ketgan, hammayoqni maymunjon qoplab, onda-sondagina bahaybat toshnok tuplari uchrar edi. Devor yoqalab pastak tomli bostirmaga yetdik. U yerdan yana sarxoki yemirilgan devor va guvalakli uy boshlanib ketardi. Soli toʻxtab, shipshidi:
— Keldik, sen manashi yerda tur. Chiqvolgach, chaqiraman — chiqasan. Xoʻp?
— Boʻpti, — dedim, ammo yuragim gupillab urib yotibdi. Sekin devor tagiga choʻkdim. — Uzing optushaversang-chi?
— I-i-i, shundan shu yoqqa kelib-a? — deb tepaga ishora qildi: — Uni qara.

Rostdanam devorga qapishib oʻsgan olma shoxlari yarmi oq, yarmi qizil taram olmalar bilan mush-mushakon edi. Nazarimda, bargidan ham koʻprogʻov. Beixtiyor qizil taram olmaning xushboʻyini tuyib, «zoʻr!» deb yuborganimni sezmay qoldim.
— Ketdim. — Soli shipillab devorga, u yerdan olma daraxtiga tirmashdi.

Gardanim qotib, tepaga qaragancha kutyapman, kutyapman. Axiyri Soli ayri shoxga yetib imladi va men ham ketidan tushdim. Olmaning tepasiga chiqib borarkanman, koʻzim birdan hovliga tushib, yo qudratingdan, deb yubordim.

Pastda ariq, ariq boʻyi salqin rayhonzor, uning chekkasida esa, boʻyradekkina supa koʻrinardi. Supaga joy solinib, xontaxta qoʻyilganu dasturxonning bir chekkasi qayriligʻ qolibdi. Oʻsha qayrilgan yerida yolgʻiz oʻsma siqilgan piyola: boʻyra choʻpi piyolaga suyalgancha turibdi. Oʻsmani orzu qilgan qoshlar egasi esa, xontaxta yoniga asta choʻzilganu salqin elitibmi, pinakka ketgan.

Qoʻllarini yostiqqa tashlab, bir goʻzal yotishini koʻrib, hushim ogʻib qolibman. Soli gardanimga oyogʻini nuqmaganida, bilmadim, yana qancha bu ahvodda turardim.
— Hov, muncha anqayasan? Termaysanmi? — dedi yarim shivirlab.

Supada yotgan qizning uygʻonib ketishidan choʻchib, barmogʻimni labimga bosdim: «Jim!»

Soli olma shoxiga qapishgancha, hovliga razm soldi va bir mahal:
— U-u-u, — deb yubordi shivirlab, — Oʻlibmiz-kuv.
— Oʻlganing yoʻq, ovsar, koʻrsa oʻlasan-da, jim, — deb oyogʻiga urdim.
— Hozir koʻradi! Hozir boshiga odam chaqirib, tutib beradi! — dedi yana Soli oʻtakasi yorilib. — Qochdik.
— Oʻl-e, shu yurak bilan shoʻtga boshlab keldingmi? Uxlab yotibdi-ku. Qochsang, oʻzing qochaver, men orqangdan yetvolaman.

Qaytaga bu oʻpka daf boʻlgani ma’qul. Ham olma ustida yolgʻiz qolaman.
— Xoʻp. Senam tez boʻl, — deya mushukday ehtiyotkorlik bilan shoxdan-shoxga oʻtib, tusha boshladi. Ammo...

Hali bitta ham olma uzmasimdan bir narsa duv toʻkilib berdi-ku! Oʻtakam yorilib, pastga qarasam, solining qoʻyni boʻshab, oq-qizil olmalar yer bilan bitta boʻlib yotibdi. Egasi choʻchib uygʻongan, lekin hali iima gapligiga aqli yetmay, supada oyogʻini osiltirib oʻtirar edi.

Soli:
— Qoch, oʻlding! — dediyu jon-jahdi bilan devorning naryogʻiga oʻzini otib, chakalakzorga urib ketdi.

Men bir qarichcha sirgʻalib tushib ulgurdim, xolos. Oyogʻim shoxning ayrisiga qisilib (o, qani tortib ololsam), oʻtirganimcha qoldim. Qiz yalt etib, boshini koʻtardiyu koʻzi menga tushdi.
— Ie, sizmidiz, qaynim?

Qarang-a! Men uni tepadan, ham uxlab yotgan holida tanimabman! Axir, kechagina meni buloqdan tortib olgan kim ekan?! U oʻsha ketmonchi qizning oʻzginasi — Asol xolamning kelini edi!
— Ehtiyot boʻling, oyogʻingiz qayrilib ketadi, — dedi kennoyim allanechuk mehribonlik bilan.

Yalang oyogʻimni ayridan shu boʻshataman, deyman, qani boʻshata olsam! Axiyri chiqarib oldim. Ammo tovonim zirqirab ogʻrirdi. Kennoyim boʻlsa, hamon olmaning tagida girgitton:
— Endi tushavuring, qoʻrqmay tushavuring, bogʻda hech zogʻ yoʻq. Voy, sizni qarang-u, bu yerga qanday kep qoldiyiz?
— Bilmasam, — deb yelka qisdim. Lekin yoniga tushib borishga hamon betim chidamasdi.
— Tushing-tushavering. Aytdim-ku, mendan boʻlak hech zogʻ yoʻq deb. Uy poyloqchi boʻlib qoluvdim! — U kuldi: — Rosayam zoʻr poyloqchilik qilibmanmi?
— Zoʻr, — dedim sal oʻzimni tutib olib, — tepaga chiqvolibmiz ham, bilmaysiz.

Devorgacha tushdim-da, oyogʻimni osiltirib oʻsha yerga oʻtirvoldim. Asol xolamning kelini ariqdagi suvda yuziyu qoshini chayib, koʻrpacha ustida yotgan sochiqqa artindi-da:
— Shoshmay turing endi, — deya ariqchaga va rayhon ichiga sochilib ketgan olmalarni etagiga tera bosh-ladi. — Baxtiyiz borakan, bittasiyam ezilmabdi.

Men kuldim:
— Buni tergan allaqachon juftakni urvordi-ku. Men endi chiqqan edim.

Kennoyim yoqimli jilmaydi:
— Shunaqami? Sherigizam bormidi hali?

Bosh silkidim. Kennoyim tobora menga yaqin kelgan edi, rayhon islari gurkirab ketdi.
— Kimiydi? — deya soʻradi qiziqsinib. — Mabodo... Oʻsha kungi sherigizmasmidi?

Rosti, hayron qoldim. Shunday koʻhlik (koʻhlik deyish ham kam! Mohi qiz. Oyim «mohitobon» deydilar) qayoqdagi qaroqchini soʻrab oʻtirsa!.. Kimligini bilmaydi-da! Bilsa, betiga ham qaramasdi-ku! Unday desam...

Men bosh chayqadim: «I-im».

Asol xolamning kelini (javobimga parvo qilmay) ariqdan hatlab oʻtib, etagidagi olmalarni bittalab uzata boshladi:
— Mang, u kishiga ham... obborarsiz. Negadir ogʻzimdan:
— Oʻgʻrilik narsani-ya? — degan soʻz chiqib ketdi.
— Voy, nega oʻgʻrilik boʻlsin, men beryapman-ku! — dedi kennoyim betimdan koʻzini uzmay.
— Mayli, obor desangiz, oboraveraman, — deb gʻoʻldiradim.

U oʻsma hidi anqib turgan nozik barmoqlari bilan yoqamni toʻgʻrilab, betimni siypab qoʻydi.
— Faqat, men bervorganimni aytmaysiz-da, xoʻpmi?
— Xoʻp.

Kennoyim olmadan boʻshagan etagini qoqib, ariqdan qaytib hatladi. Va uyalibgina qarab, jilmaydi:
— Shunaqa, kelib turing... olma yegani.
— Xoʻp, koʻrib oldim-ku, mana, — dedim men ham chin dildan. Qolaversa, bir qoʻyin olmalik boʻlib olib ham yoʻq deymanmi?
— Xayr, — dedi u shirin kiprik qoqib.
— Xayr, — dedim zoʻrgʻa, hech ketgim kelmay.

U, yaxshi boring, qaynijonim, degan kabi im qoqdi. Men noiloj oyogʻimni devorning bu yogʻiga oshirdim. Sarxok shuvillab toʻkilib, men bu yoqqa tushdim, kennoyim devor ortida qolaverdi.

Qoʻynimda bir talay olma, nimasinidir yoʻqotgan darveshday chakalakzorda hayronu lol turibman. Koʻz oldimda boyagi shirin im qoqib turgan suvrati, «Tavba, shu yoqlarda turarkanmi Asol xolamning kelini?» deyman.

Soʻng bir amallab hovuz boʻyiga chiqdim-u, u yogʻiga yana qayoqqa yurarimni bilmay qoldim. Tavba, qanaqa jin topmas joylar ekan bu yerlar?

Bunday qarasam, hovuzga suv bir yoqdan kirib, ikkinchi yoqdan chiqib yotibdi. Shu ariq yoqalab boraversam, anhorga chiqib olarman, axir, deya keta boshladim. Oʻzim suv yoqalab boryapman-ku, koʻz oldimdan bulturgi voqealar ketmaydi.

Qizil Paranji

Biz nikoh oshiga borolmay qolgan edik. Borganlariing hikoyalariga mahliyo boʻlib, ariq boʻyida tizilishib oʻtirar edik. Toʻyxonada gulxanu mash'alalarni yoqib qoʻyib, kelinni kutishmoqda. Kuyovtoʻra — Bahriddin akam joʻralari bilan qoʻshni Anvarxoʻja togʻanikiga kirib ketishgan, tortishmachoq oldidan jinday maishat qilishayotgan edi, chamasi. Kutilma-g.shda paq-puq oʻq ovozlari eshitilib, toʻyxonada qiy-chuv koʻtarildi. Biz sapchib turib ketdik.
— Voy oʻlmasam, shunday kunda oblochi bosadimi? — dsdi xotin kishi chinqirib, — baloginaga yoʻliqqur, oirovning toʻyini azaga aylantiradimi?
— Qatni bosibdi? Qattaykan?
— Qani oʻzi? Oʻzlari qani?
— Kimni qidirib keptiykan? Kimni dediyiz?
— Voy, qochibdimi? Qochishibdimi?

Paydar-pay savollardan hech narsa anglab boʻlmasdi. Biz bolalar oʻq chiqqan tomonga yugurib edik, xotinlar quvib solitttdi:
— Senlarga nima bor-a, uylaringda oʻtirsalaring-chi!

Xotinlarning hay-hayiga ham qaramay, ishkom oralab ketgan Aliakbar vahimali gap topib keldi:
— Kuyov yoʻqmish, joʻralariyam yoʻqmish! Hammalari qayoqqadir urib ketgancha, qaytishmabdi.
— Oblochilar-chi?
— Quvib ketishganmish Izzaga qarab.

Shu gʻala-gʻovur ichida bogʻ oralab: «Bahriddin-uv! Bahriddinginam-uv»lab chopgan Asol xolamni axiyri aldab-suldab, qaytarib olib kelishdi. Xolam izillab yigʻlay-yigʻlay, yigʻilarini yutolmay, kelin tushadigan uyning zinasida oʻtirganicha oʻtirib qoldilar.

Nihoyat, Tegirmon koʻchada yangalarning yor-yor saslari yangrab, ular tushgan arava qattiq yerda «qatirlab» kela boshladiyu biz koʻchaga chopdik.
— Yigʻlama qiz, yigʻlama,

Toʻyxonada olov chirsillaydur, yor-yor,

Yor-yorimiz eshitgan,

Kuyovtoʻram yuragi jizillaydur, yor-yor,

deb kuylashardi ular.

Bu yoqda esa, kuyovtoʻra qaysi jarga urib ketganini hech kim bilmaydi. Oblochi bosganida qoʻshilishib qochgan joʻralaridan birontasi qaytsa-chi, ular ham yoʻq. Yaqinlashib kelayotgan yor-yor ovozini eshitib, zinada oʻtirgan xolam bir yigʻiga tushib berdilar, bir yigʻiga tushib berdilar.
— Xudo-oy, bu kuningdan jonginamni olaqolo-oy! Hamma qolib mani asrandimni koʻribdimi bularing-oy! — deb bir aytib yigʻlay ketdilar, bir aytib yigʻlay ketdilar. Katta ham qoʻshilishib yigʻladi, kichik ham. Ayollar bir toʻda, biz bir toʻda boʻlib olganmiz. Hech kim ketolmaydiyam, yaqin bora olmaydiyam. Bir vaqt harsillab-lorsillab Nusrat pochcha yetib keldilar.
— Hay-hay, hay yanga, eldan burun bu nima ishingiz? Uyat boʻladi-ku, — deb xolamni ichkari olib kirib ketdilar. Soʻng qaytib chiqib, hammani tartibga chaqirdilar: — Hoy yaxshilar, omon boʻlgurlar, sizlarga nima boʻldi? Qudalarni shunday kutib olasizlarmi? Boringlar, har kim oʻz ishini bilib-bilib qilsin. Kelinimizni izzat-ikrom bilan tushirib olinglar. Hoy, Faridabonu, bolalarga ayting, olovga oʻtin tashlasinlar! Dasturxonchi qaerda? Moxoraga qaramaysizlarmi? — Keyin darvoza oldida dovdirab turgan surnaychilarga buyurdilar: — Hoy, metal, chalmaysanmi, toʻy toʻyga oʻxshasinda bunday.

Yana chop-chop, gʻovur-gʻuvur avjga mindi. Yana mash'alalarga jon kirib, surnay oʻz navosini yangitdan boshlaganida kelin kelib tushdi. Sochqilar sochilib, palak ostida olov atrofiga olib kela boshlashdi. Bizning bir koʻzimiz sochqida boʻlsa, bir koʻzimiz palak ostida. Kelinni koʻrib qolarmikanmiz deb maroqlanamiz. Lekin yangalar ham anoyimas. Sariq duxoba palakni sal baland koʻtarisha qolmaydi. Yor-yor bilan picha oʻyin-kulgi qilib turgan boʻlishdiyu, soʻngra tortishmachoq boʻladigan uyga kirib ketib, u yerda jim-jim goʻshanga ortiga oʻtkazib yuborishdi. Derazadan xiyol koʻrib qolganim shu boʻldiki, kelin olovdek qizil duxoba paranjida ekan!

Allamahalda Bahriddin akamning joʻralari qay-tib kelishdi. Ammo oʻzi ham, eng yaqin kuyovjoʻrasi ham yoʻq edi. Ular haqida hech kim hech narsa bilmasdi. Shunda «oblochini Akmal oʻris chaqirtirgan ekan», degan shivir-shivir yurib qoldi.

Bir haftadan keyin esa, kuyovjoʻrasini tutib, askarlikka joʻnatishibdi, degan xabar chiqdi. Ammo oʻzidan biron darak boʻlmadi.

Kennoyim shu tushganicha, olti oy kutdi. Keyin ketdi... Mana, qaerda turarkan...

Tavba, ariq yoqalab yurganim sari uning berib toborgan olmalari qoʻynimda shirin-shirin siypalanar edi: endi bu olmalar Bahriddin akamgamas, boshqa birovga atalgan edilar.

Beda Gulida Oʻriladi

Tomsuvoqdan keyinoq yangi joyimizga koʻchib chiq-sak kerak, deb oʻtiruvdim. Yoʻq, Sayidorif pochcha paxsaga suv bostirib, loy yotqizishga, hovlimizni gir aylantirib devor urishga tushib ketdilar. Qoʻldosh togʻam shunaqa deb tayinlaganmishlar: uyning suvogʻlari shamollab-quriguncha devor ham bitsinmish.

Bir hisobda yaxshi. Hozir shu yangi uyimizga kirdim deguncha, achigan loyning hididan boshim aylaniblar ketadi. U qurib-selgish oddidan shunaqa zoʻr gurkirar ekanki, tavba. Lekin bir chiroyli uylar chiqdi.

Bugun qoʻlni orqaga bogʻlab, kechgacha loy tepdik. Dunyoda eng bemaza ish shu loy tepish boʻlsa kerak: selkillab tepavurasan, tepavurasan, bir izingdan oʻn-yuz borib kelasan, qani pisha qolsa, bu loy deganlari... Bel taxtadek qotib, oyoqlaring loyga aylanadi, hech narsani sezmay ham qoladiki, qani ish tugasa. Kech tusha qolsayu Izzagami, bir yoqlarga qochib ketsang...

Nihoyat, uzundan-uzun choʻzilgan kun ham ketib, oftob nurlari daraxtlarning ustiga ina boshladi. Arzimagan narsalar ham uzun bir soyalar tashlab, salqin epkin bilan kechki shabada yurdi. Oʻchoqdagi olov yanayam gurilladi. Oʻsha yoqda kuymalanib yurgan oyim ovoz berdilar:
— Hoy, bolagina, sigiringga boraqolgin. Qarovsiz qolib, uchov-roʻdasi uzilgandir. Bedapoyada edi. — Ozodlik tekkanidan quvonib, shataloq otib ketishimni bilganday, qoʻshib qoʻydilar: — Ozgina oʻtlatib kelarsan?
— Xoʻp, oyijon.

Birpasdan keyin shunday pastimizda — Izzaga qadarli choʻzilib ketgan yangi oʻrilgan bedapoyada choʻkirtaklari tovonimga botgani ham bilinmay chopib-oʻynoq-lab borardim. Hali quyosh uzokda — Xudo bilsin, Achchi qirlaridan ham naridadir — ufkda bir togʻora oʻtday yonib-yalligʻlanib turar, uning zarhal qorilganday nuri yupqa zar roʻmoldayin dalalar ustida yotar, har zamon kunbotardan esgan bir epkin uni tagidan koʻtarib, pirpiratib turgandayin edi.

Hamma yoqdan bir ajib hidlar anqib, bedazorda yugurging-elging, oʻmbaloq oshib yayraging keladi. bedaga oʻroq tushib, olamni beda gulining hidi tutib kettanki, qoʻyavurasiz. Shu tobda bir gʻaram bedaning ustiga chiqib choʻzilsang bormi, oh, buning gashtiga nima yetsin.

Dumbasi selkillab qolgan qoʻzilar onasining atrofida dikong-dikong sakraydi. Qorni doʻmbira boʻlib ketgan mollar ham pishillab-pishqirib oʻtga yopishadi: qorongʻi tushguncha qoringa kirgani harna gʻanimat-da.

Hamma qaytyapti-ku, bir men bedapoyaning oʻrtasidan oʻynoqlab-yugurib, Izzaga tushib bormoqdaman. Sigirim oʻsha pastda. Tezroq borib yechib yuborsam, birpas yayrab qoladi. Keyin oʻzim yumshoq joy topib, biir choʻzilsam...

Yaxshi niyat yarim mol-da. Sigirimni qoziqdan chiqarib, bunday qarasam, bir arava beda ortilgancha togʻ boʻlib turibdi. Otlari hali aravaga qoʻshilmagan ham. Nariroqda boʻyinlarini boʻyinlariga qoʻyib, beozor oʻynashmoqda. Panshaxa oxirgi bogʻ bedaga sanchilgancha qolgan.

Aravakash Sultonmurod akam boʻlsa kerak, otlari tanish, lekin oʻzi bu atrofda koʻrinmaydi. Hoynahoy Izzaga tushib ketgan. Kelgunicha bedasining ustida bir choʻzilmaymanmi! Shipillab aravaning tepasiga chiqib ketdim va oʻzimni beda ustiga otdim! Oh-oh, bunaqa mazani qaerdan ham topasiz?!

Oynadek osmonga qaragancha, chalqancha yotibman — tanim, oyoqlarim, belim bir yayrayapti, hech narsani oʻylagim, hatto qimir etgim kelmaydi. Koʻzlarimni ham yumib olganman. Qani endi shu yotgancha gʻaramga singib ketsam. Birov bir narsa demasa, hech kim topolmasa...

Unday desam, Sultonmurod akam shuncha bedani ortib qoʻyib, oʻzi qayoqda yuribdi ekan? Xayolim qochib, oʻngarildim!

Qarasam, Izzaning narigi betida birov koʻrinadi. Shunday qiyamalikda, koʻprik yoqasida. Chimzorga yon-boshlab, yoʻl poylayapti. Demak, akajonim anuv jigaridan urganni kutyaptilar. Koʻrgilari kepqopti.

Gʻashim kelib, bu yonboshimga oʻngarilib oldim. Poylasa, poylab oʻtmaydimi! Bahonada men bir maza qilay. Rohat-ku bu yotish. Bundan ortiq mazani yana qaerdan topaman?

Loy tepaverganimdan taxtaday qotib ketgan belimga, boldirlarimga yumshoq beda shunday yoqyaptiki, naryogʻi yoʻq.

Beda gurkirab allalaydi. Allaqanday bir oʻtning boshogʻini qoʻlimga olaman-da, bandini hardamxayol chaynagancha... koʻzim ilinibdi. Bir mahal ular tushimda (yo tavba!) boshlashib, men tomon kelishayotganmish. Aniq-taniq koʻrib turibman. Ulardan boshqa hech kimmas. Bir oʻ (lari. Izzadan chiqib kelishyapti. Akamdan bir qadamgina oddinda sochini oʻrganchami, oʻynaganchami, u...

Ana, sochini orqasiga bir chiroyli itqitdiyu, akamga kulibgina qarab qoʻydi. Bahriddin akam qolib, endi upi topib olibdimi? Uni oʻldiga chiqarib, xolamni qon-qon yigʻlatib, hali shu yoʻllarga kiribdimi? Shoshmay tursin, shoshmay!..

Qonim qaynab, sakrab turib ketgim keladi-yu, nimagadir qaddimni koʻtarolmayman. Xuddi birov koʻkragimga ming pudli tosh bostirib qoʻyganday. Na qoʻlimni, na oyogʻimni qimirlata olaman. Na oʻngarila olaman, na yuztuban tushib, yuzimni bedalarga burkay olaman. Bundanam ortiq xoʻrlik boʻlarmi?!.

Xafalar boʻlib ketgan joyimda birdan bu nihoyati tush ekanini eslab, yengil tortib ketdim. Xudoga shukur-ey, tush ekan-ku, uyqumni buzishga arzimaskan-ku. Yotibman-ku, axir bedaga koʻmilib, maza qilib. Bunday rohat qaerda bor? Bormi? Bir umr shunday yotaversam edi... Koʻzimni ochgim kelmaydi. Lekin atrofdagi tiq etgan tovushgacha, barchasini eshitib yotibman. Qaerdadir toʻrgʻay chuldirab, ustimdan bir gala chumchuqlar uchib oʻtdilar. Uzoqda buzoq onasini qoʻm-sab, oʻksib-oʻksib, ma’raydi. Izzaning narigi betidagi ekin ichida bedana «vogʻ-vo, vogʻ-vo»lab qoʻyadi-yu, sayrab yuborolmaydi.

Bir mahal shunday pastda, hoynahoy aravaning bu yonida birov entikkanday boʻldi. Qiz bola shekilli? Yo menga shunday tuyuldimikan? Keyin... yalinchoq ohangda shivirlagani eshitildi:
— Qoʻying, endi men boray, jon Sultonmurod aka...

Gʻalati boʻlib ketdim. Lekin qimir etolmayman, qimirlasam qani. Qilt etsam, sezib qolishadi.
— Birpasgina sabr qiling, Margʻu, — deya oʻtindi akam, — sizga gaplarim bor.
— Aytadiganingizni ayting, oʻtinaman sizdan. Bu ahvolda turmaylik, qoʻyvoring endi.
— Xoʻp, ana... Faqat, aybga buyurmay, ochigʻini aytasiz.

U boʻshaddi shekilli, ikkisi ham shivirlashga tushdilar.
— Soʻrayqoling, sizdan nimani ham yashiray.

Sultonmurod akam chaynalgansimon boʻlib:
— Bilasizmi, men uning taqdirini, oʻzi nima boʻlganini bilishim kerak. Bilishga... qasam ichganman. Aniqlay olmasam, Sultonmurodligim bekor! Tushunyapsizmi? — dedi.

Margʻu kennoyimning xoʻrsinigʻi eshitildi:
— Men nimayam dey. Oʻzlarini yaxshi-yoriq koʻrmagan... boʻlsam. Achinaman, ammo ilojim qancha...

Akam oʻzi bilmay qoldi shekilli, ovozi bir baland chiqib, soʻng yana shu zahoti shivirlashga oʻtib, dedi:
— Yoʻq, siz tushunmadingiz. Men bironta yanib yo qasdlashib yurgan bormidi demoqchiman.
— Voy, rostdanam... Anuv Akmal oʻris oʻlgur bir kun yoʻlimni toʻsuvdi.
— Toʻydan oldinmi?
— Ha, ancha oldin.
— Nima deydi?
— Agar oʻshanga tegsang, eringgayam, oʻzinggayam javr qilasan, bir kunam turgʻazmayman, devdi.
— Keyin dim-dim ketdimi yo?..
— Yaqinda koʻrdim.
— Xoʻsh?
— Oʻylama, mendan qochib qutulolmaysan, deb ishshayadi, baloga yoʻliqqur.
— Siz-chi?
— Ikki dunyodayam... tegmasman, oʻsha loʻq koʻzga.
— Meniyam yoʻldan surib tashlasa-chi?..
— Hech-da. Topgan gapingizni-chi!.. Basharasi qursin uning! — dedi u azza-bazza xafa boʻlgannamo ohangda.

Sultonmurod akam erkaladi.
— Hazillashdim. Sizni unga berib qoʻyarkanmanmi! Hali shoshmay tursin!

Asol xolamning kelini birdan yana ketish dardiga tushib qoldi:
— Endi men boray, shusizam qancha qolib ketdim,— dedi.
— Birpas turing, Margʻu? Hozir oy chiqadi goʻzal boʻlib...
— Sizning birpasingiz koʻp.
— Oʻsha koʻpi yaxshimasmi?
— Ozi yaxshi. Boʻlmasa, shirini qolmaydi, — dedi Margʻu kennoyim, yulqinib chiqdi shekilli, chopib ketayotgani eshitiddi. Sal nari borib (endi menga ham yaqqol koʻrinib turardi): — Xayr, oʻsha oyni sizga Vera qoldim, — deya shitob keta boshladi.

Bu yoqda Sultonmurod akam «xayr» deganicha jim qoldi. Ammo ovozi bir oz siniqroq edi. Keyin u ham oglari tomon jildi.

Men yana yolgʻizdan-yolgʻiz qolaverdim. Turay deyman, turolmayman. Koʻzimni ochay deyman, ocholmayman. Hozirgina beixtiyor eshitganlarim oʻngimmidi, tushimmidi? Koʻzimni ochsam, oʻngim boʻlib qolishidan qoʻrqaman. Ochmay yotaversam, akam hozir qaytib keladi...

Balki bular hammasi xayoldir? Ammo aniq eshitib yotibman: Izzaning narigi yogʻida bedana «pat-palaq»lar, bu yoqda Sultonmurod akamning otlari kishnab, gir aylanib chopar edilar.

Nima balo, alamini ulardan olmoqdami? Jonivorlarda nima ayb?
— Marazlar! Pa-pa-paranjingga uray! Yoʻqol! — deya soʻkina-soʻkina suv kechib, botqoqlarga botib, qora moʻndiday qoraygancha, Izzaning u betidagi tepalikka tirmashdi. Zoʻr-bazoʻr chiqib tikkaydi-da, qornimizni ushlab, chimga agʻanab-agʻanab kulayotgan bizlar ham qolib, Izzani kechib oʻtolmay turgan Oyjamolga oʻshqirdi:
— Oʻl-a! Utolmading-ku! Bu kuningdan battar boʻl!

«Bu gapga chidayolmagan Oyjamol» lippalarini koʻtarib, azza-bazza suv kecha boshlagan edi, birdan paranjisi boshidan sirgʻalib tushib, u oʻzimizning qora Tolib boʻlib chiqdi!

Biz chimga dumalab-dumalab kulamiz, ichimiz uzilib ketmasin, deb qorinlarimizni changallab olganmiz. Bir payt Mirzarahim tashlab qochgan tolchiviqdagi baliqlarni togʻavachcham oʻt orasidan koʻtarib olayotganini koʻrib qoldim. Kulgim ham qochib ketdi: «Voy, iblis, voy, ablah-ey! Hali shundaymisan? Bu sening ishingmidi?», dedim oʻzimcha va asta turib unga yaqinlasha boshladim.

U oʻz qilmishidan mamnun, ishshayib turar, mening niyatimdan gʻaflatda edi. Dabdurustdan uning yuziga tarsaki tortib yubordim. U qalqib, tolchiviqdagi baliqlar yerga uchib tushdi.
— Ol! — dedim ortiqcha gapga oʻrin qoldirmay. U oldi.
— Bu yoqqa ber!

Hamma nima gapligiga aqli yetmay, turgan yerida turib qoldi.
— Mana, shumi? Soʻrasang, beravuraman-ku! — dedi Soli baliqlarni uzatib.

Men esam oʻzimni bosolmasdim:
— Qilgan boʻlsa, Xudo uni shunday qilib qoʻygan, endi oʻshanikini ham tortib olgin!
— Boplading, Maqsud! — dedi kimdir.
— Oʻchir ovozingni! — dedim qayrilib.

Bolalar yer suzib qolishdi. Men tepaga — Mirzarahimning oldiga chiqib ulgurmagan ham edim, oʻsha yoqdan ikki odamning qorasi koʻrindi. Birinchisini bir qarashdayoq tanidim. U biz bolalarning jon-dilimiz — poʻchtachi Mirhomid amaki edi. Bu odam qoʻllari kalta-kalta, oʻzi xunuk, xuddi bukriga oʻxshab enkayib yuradi, lekin poʻkislarini koʻrsangiz! Koʻzlarimizni baqraytirib, qoʻllarini tepamizda aylantirib turib, kimning qulogʻi, kimning biqini, yana kimning qoʻltigʻi tagidan hali yongʻoq, hali qurut chiqarib beraveradi, beraveradi. Qoyil qolmay koʻr-chi?

Ana shu odam notanish bir yigit bilan birga Mirzarahimning yonida turardi.
— Ie, qoʻshni, doʻppingni ustiga kaptar bola ochib ketipti-ku, — deb hazillashdi u.

Mirzarahim qoʻlini silkitdi:
— Boring, boring-e.

Poʻchtachi gapidan qolmadi:
— Ishonmaysanmi?

Mirzarahim endi undan nari qocha boshladi:
— Kap-kap-kaptarizzi pishirib yeng!
— Xoʻp, mayli. Unda baligʻingni opket. Opang pishirsalar, opchiqarsan, — dedi u nihoyat murosaga kelib.

Soʻngra birdan meni koʻrib qoldi.
— Iya, pakana piston, oʻzingmisan? Zap uchrab qolding. Endi bu yogʻiga bu mehmonni oʻzing opketasan.

Mehmon soch qoʻyib, kepka kiygan bir yigit edi. Egnidagi oq jujuncha koʻylak-shimi hilpirab, koʻzlari olma-kesak terib turardi. Nari borsa Sultonmurod akam tengi, lekin gʻirt begona. U menga boshdan-oyoq qarab chiqib, iljaydi:
— Okasini tukigayam... Oʻxshamaydi-ku? Mirhomid amaki ham boʻsh kelmadi:
— Bu bola boshqacha bola, okasi buning tukigayam... Oʻxshamaydi. Hali koʻrasiz.

Mehmon poʻchtachining yelkasiga qoqib kuldi:
— Rostdanam qiziq odam ekansiz, boboy. Gaplaringizni sogʻinsak, toptirib ketamiz. Yoʻq demaysiz-da?
— Jonim bilan, — Mirhomid amaki ikkala qoʻlini koʻksiga qoʻyib, mulozamat qildi: — Bir ogʻiz xabar berdirsanglar, bas.
— Ruxsat, boboy, ruxsat. Shu tomonlarga oʻtsak, albatta, doʻlanangizdan yeb ketib turamiz.

Men ichimda kuldim. Mirhomid amakining shunaqa odati bor: fokuslarini koʻrsatayotganida, toʻdaga kelib koʻshilgan oʻtkinchilarning ikkala choʻntagini doʻlanaga toʻldirib qoʻyadi. Ana shundan keyin ham unga ishonmay koʻrsin-chi!

Men baliqlarni Mirzarahimga tutqazib, mehmonga ham qiziqsinib, ham yoqtirmaygina oʻgirildim:
— Sizga kim kerak, oʻzi? Biz bu yoqlardan koʻchib ketganmiz.
— Qangʻli desa, «qani, qani»lab zoʻrgʻatdan topib keluvdim. Endi okang «Tuvayuja tushib ketganmish. Xoʻb, maza joyni topibdi-da! — Mehmon oʻzining as-kpyasidan oʻzi zavqlanib kuldi.

Men tumtaydim.
— Tuvak emas, Tuban, Past koʻcha degani. Oxiri berk.
— Oʻ-hoʻ, rostdanam boshqacha ekansan-ku. Zardangam zoʻr, bilimingam. — U yelkamga qoqib, sekin itardi: — Boshla, pakana pari.

Men uning yuziga yalt etib qaradim:
— Oʻzingiz-chi, nimasiz? Naynov-anqovmi?
— Nima desang, shu. Lekin sen chindanam pakana parisan. Yur, yur.

Men uning oldiga tushib, yoʻl boshlarkanman:
— Sultonmurod akam aytgan-da, shundaymi? — deya soʻradim.
— Nimani, «pakana pari»nimi? Hech-da, turishing aytib turibdi-ku. Sen boʻlsa, achchigʻlanib oʻtiribsan. Faxrlan, bu kallang, farosating bilan, pakana pari, hali uzoqqa borasan. Okangga ergashma, — U Izzadan sakrab oʻtib, menga tanbeh bera ketdi: — Unga oʻxshama.

Jahlim chiqdi:
— Akamga nima qipti? U yamlandi:
— Oʻ-oʻ!.. Albatta, hech kim okang boʻlolmaydi. Unday mard, tanti, nima desam ekan, javonmardni ikki dunyodayam topolmaysan.
— Javonmard deganingiz nimasi?
— Javonmard... haligi, hech kim oldiga tusholmaydigan odam.

U oldinga oʻtib olib, picha jadallashdi. Men pildirab ergashdim:
— Jangchimi?
— Jangchiniyam qoʻrqmasi! Boʻy bermaydigani!
— Qaroqchi ekan-da?
— Qaroqchiniyam mardi!

Men kuldim.
— Shuning uchun bu yoqlarda... yurgan ekan-da? Kutilmaganda mehmon qayrilib, yelkamga chovutini tashladi:
— Sen, bola, nimalar deb valdirayapsan? Bir urib yerga kirgizib yuborsam, ana undan keyin bilasan uning kimligini. Tagʻin ukasi emish! Mishigʻingni eplasang-chi avval.

Soʻngra u yana yurib ketdi.
— Nega unda odamlar...
— Ogʻziga kuchi yetmaganlar har baloni toʻqiyveradi-da. Qoʻli bilan ushlagan joyi borakanmi? — dedi u yoʻlakay yana oʻgirilib.
— Yoʻq.
— Vo! Hammasi puch gaplar! Sen boʻlsa, or qilib yuribsan. Yana «pakana pari» emish! Oʻzing anqovsan, bilding?!

Aybi boʻyniga qoʻyilib, suvga pishib-pishib olingan bolakayday gʻing deya olmay qoldim. Jimgina aylanib oʻtib, yana oldiga tushdim-da, yoʻl boshlab ketdim.

Devor Ortini Koʻradigan Odam

— Oʻzi qatta? — dedi anchadan keyin mehmon boyagi hovridan tushib.
— Kalxoʻzda, arava minvotti.
— Bugunam ketganmi?
— Ketgan.
— Topa olamizmi?
— Boʻlmasam-chi! Avval otxonaga kirib oʻtamiz. Aravasi koʻrinmasa, shiyponda boʻladi. U yerdayam boʻlmasa...
— Ha, ana endi oʻzingga kelding. Menga tezroq topib bersang, boʻldi. Rov koʻramanu rov qaytaman.

Men bu oq jujun koʻylak-shimli, tagʻin yozda oq kepka kiyib olgan tasqarani qoshdan qovoq qaytarmay boshlab ketyapman-u, tinmay oʻylayman. Bu qitmir-kepka kim boʻldi ekan? Sultonmurod akamni poshshoday koʻrishidan bular bir tovkadan shekilli? Tagʻinam boyagi gapim uchun boshimga urib, poʻla qilib qoʻya qolmadi. Men ahmoq buning jigʻiga tegadigan gap qilib oʻtiribman-a. Hali oshnasi bu yoqqa oʻrnashib olsin, bunaqa soʻrab kelguvchi daydilarning hisobiga stib boʻlmay qolinsa kerak.

Bittasi anuv kungisimidi? Moʻmin togʻanikiga tushib, Parpi bebaxtlar bilan olishib yurgan? Balki bu oq kepka ham oʻshalarning bittasidir, uni juda yaxshigina taiir, nima boʻlganini bilar? (Doʻxtirxonadan tuzalib chiqib ketdimikan yo?.. Hali qasdini olgani kelibam qolar.) Ichim qizib, sekin ijikilashga tushdim:
— Siz akamning hamma oʻrtoqlarini taniysizmi?
— Qanaqa oʻrtoqlari? Qil oʻtmas oshnalarinimi? — U sezgir ekan, aftimga gʻalati qarab qoʻydi.

Men u kungi chapanini qaysi toifaga qoʻshishni bilmay (jonajoni desam, orqasidan kelib yuribdi, yana yonidan suvrati chiqibdi, jonajon demasam, akam uni izvoshga solib, doʻxtirlarga opketdi), harqalay:
— Eng yaqinlarini-da, — dedim.
— Eng yaqini? — Oq kepka yana ham ajablandi. — Nimaydi, pakana pari?

Men oyogʻimiz ostidagi (biz ikki paykal oralab chiqib boramiz) soʻqmoqda gʻimirlagan chumolilar karvonini (ular allaqanday oʻtning boshogʻini ortmoqlab olibdilar) bosib olmaslikka tirishib, ilgarilar edim:
— Anavinda sizga oʻxshab bittasi keluvdi. U sergaklanib, kaftini kiftimga tashladi:
— Soʻroqlabmi?

Men izlab deyishni ham, ergashib deyishni ham bilmay yelka uchirdim.
— Qachon? Ancha boʻldimi?
— Uch hafta boʻlgandir-da. Qoratoshlik ekan. Balki tanirsiz?
— Koʻrinishi...
— Koʻrinishi naynov, sochi qoshining ustiga tushib ketavuradi... Oʻziyam xoʻb chayir, xoʻb chitton ekan: koʻz ochib yumguncha uchtasini choʻziltirib tashlasa boʻladimi!
— E-ha, umi? Turgʻun chochol deydilar uni. — Biz Qayumbek amakining tepasi yoqalab, yongʻoqlar tagi bilan chiqib bora boshladik. — Qoʻliga tushgulik qilmasin! Qoʻli gurzi-ku uning!..
— Unga nima boʻlganiniyam bilasizmi? — dedim men.

Hozirgina tanib, bilagʻonlik qilib turgan odam... birpasda ogʻziga talqon solib, tumshayib oldi-qoʻydi. Bir narsa soʻrashga haddim sigʻmay ham qoldi. (Ammo oldinma-ketin boshlashib ketyapmiz.) Nihoyat, u chirt etkazib, chetga tupurdi:
— U akangning hech qanaqa doʻstiyammas, tanishiyam. Oʻtirib chiqqan, zakun vor! — dedi allaqanday zarda bilan, xuddi bilmasang bilib ol, degan kabi. — Akang — galvars, ikki dunyodayam birovga el boʻlmaydigan odamni — Xudoning boshli-koʻzli gʻazabi-ku! — Oʻshani oʻlimdan saqlab qopti! Bir-birining goʻshtini yeb oʻlmaydimi! Nima qiladi aralashib?!
— Men bilmasam, — dedim qoʻrqib ketib. Lekin uning oʻsha Murjumandagi olishuvi, Parpining yigitlarini bittalab choʻziltirgani koʻz oldimdan oʻtib, bu yo mahovat qilyapti, yo birov bilan adashtiryapti, deb oʻyladim. Rost-da, shunaqa qahri qattiq odam Moʻmin togʻaning oldiga kelib, haligi gapni aytarkanmi? Tavba yoʻlini soʻrarkanmi? Hech-da!
— Chiqibdimi tuzalib? — dedim sekin.
— Tuzalish ham gapmi?! Nom-nishonsiz daf boʻpti!
— Qayoqqa?
— Qayoqqa boʻlardi, oʻzining mamlakatiga-da. Aristonlari orasiga, — dedi u.

Tushunmadim: Moʻmin togʻa aytgan taraf-chi? Bormaptimi baribir? Men azza-bazza toʻxtab, mehmonning aftiga angraydim:
— Kimlar orasiga dediyiz?

Oq kepka iliq jilmaydi. Kutilmaganda boshimni qoʻltigʻiga tortib, oʻzicha erkaladi:
— Tushunmaganing ham, bilmaganing ham yaxshi, pakana pari. Havas qilma ularga! Ular boʻlak mamlakatning odamlari. Ulardan yaxshi odam chiqmagan. Ketdik-ketdik. Sen menga akangdan kel. Uni tezroq top. Tezroq, — dedi bu gaplarga nuqta qoʻyib.

Men esam: «Sizlar-chi, akam-chi, qaysi mamlakatning odamlarisiz?», deb soʻragim kelib turibdi-yu, soʻray olmadim. Iymandim, rosti.

Akam otlarini yongʻoq tagiga qantarib qoʻyib, oʻzi shiyponga qoʻr toʻkkan, Sa’dulla doʻkay ikkisi hovuz boʻyiga joy soldirib, maishat qilishayotgan ekan. Umrim bino boʻlib bunaqa zoʻr bahavo joyni birinchi koʻrishim edi. Ogʻzim ochilib qopti. Shiypon shundoq tepalikka, gʻir-gʻir shabadalarga koʻkragini ochib qurilgan, pastda bir ajoyib dalayu bogʻ oftobning jivir-jiviri ostida yotar edi. Shundoq ostimizda qator-qator ishkomlar. Biz turgan tepalikdan bir-biriga mingashib ketgan Boʻzsuv adirlarini, hatto undan u yogʻini ham — koʻz ilgʻamas yerlargacha — soatlab tomosha qilsa boʻlardi. Yana doʻnglikdagi hovuzdan salqin ufurib, ariqlarda suv chuldirab yotibdi.

Rayhon isini gurkiratib, bir koʻsanamo odam oldi ochiq oshxonadan pildirab chiqib keldiyu xuddi tovuq koʻrigandek tovushini pastlab, bizni hayday ketdi:
— Hay, fisht, fisht deyman! Tezda quringlar bu yerdan! Hay, man sizlarga aytvotman, opovsilar.

Tavba, qiligʻi qiziq ekan bu odamning. Xotin desang, xotinchamas, erkak desang, erkakchamas. Shunaqasi qam boʻlarkanmi? Bu orada u tepamizga kelib, endi erkakcha «hayqira» boshladi:
— Men nima dedim? Quriysizlarmi-yoʻqmi? Shu k,amchinim bilan bir uray — Oʻlasizlar...

Qamchini bir tolchiviq edi, koʻrib kulib yubordim. Shu mahal hovuz boʻyidan shirakayf ovoz keldi:
— Haydarbek aka, kim u, sizzi xit qivotgan? U endi bizning yonimizni olishga tutpdi:
— Hozir, hozir. Mana, ketishvotti, opovsi. Adashib kirib qolishipti. Kechirasizlar-da, bir qoshiq qonlaridan oʻtasizlar-da, oʻrgilaylar!

Boshqa payt boʻlganida, dumalab-dumalab kular edim: odam ham shunaqa tez tuslana oladimi? Bir qarasang, duppa-durust erkak, bir qarasang... nima balo, atay qilvottimi? Qiziqchi boʻlsa kerak-da. Bogʻ qorovuli qilib ishga olinadi-da, kelgan-ketgan mehmonlarning koʻnglini xushlab yuradi. Xoʻb alomat odamlar bor-da: oʻzini ming koʻyga soladi, yana uyalmaydi.
— Endi keta qolinglar, oʻrgilaylar. Birgadimizning achchiqlari tez-a.

U azza-bazza yoʻlimizni toʻsib, yelkamizga qoqib-suqib, hayday boshladi. Hayratim asta-sekin nafratga aylanib, uning yumshoq qoʻlini siltab tashladim.
— Qanaqa odamsiz oʻzi?! Men akamni qidirib keldim! Unga mehmon opkevotman. Koʻrmayapsizmi, axir.

Bogʻ qorovuli surma qoʻygandek suzuk koʻzlarini javdiratdi.
— Kimga dediyiz? Yigitlarning guli Sultonmurodxongami?
— Ha-da.
— Avvalroq shunday demaysizmi, oʻrgilay.
— Gapirgani qoʻysangiz ekan.

U oʻgirilib, qilpillaganicha hovuz boʻyiga qarab pildiradi. Nariroq borib, u yerdagilarga ovoz berdi:
— Hoy Sultonmurodxon, oʻzingizga qarashli odamlar ekan. Nima qilay, oʻtavurishsinmi?
— Oʻtavurishsin, oʻzimizga tegishli boʻlsa. Keyin bir yoʻla qozonkabobniyam suzvorasiz-da, akaxon, — deb buyurdi akam yonboshlab yotgan yeridan koʻtarilmayin ham.

Bir haftaga qolmay bu yoqlarni birgad-pirgadi bilan oʻziniki qip opti-ku. Ajabo, qanday erisha qoldi?

Mehmonni sekin imladim:
— Yuring, poshshoyi olam aynib qolmaslaridan... U oq kepkasini toʻgʻrilab, ta’sirlanib kuldi:
— Qaynonamiz suygan yigitlarmiz-da, har kim ham qozonkabobning ustidan chiqsin-chi! Nima deding, pakana pari?!
— Shuni ayting, — dedim men ham ogʻzimning tanobi qochib.

Biz oʻn qadamcha yurmovdik, birdan akamning koʻzi hamrohimga tushib, mosovsirab qoldi. Oʻngimmi-tushimmi deganday, yotgan yerida koʻzlarini yumib-ochdi, keyin oʻrnidan sakrab turib ketdi:
— Ey Charli, oʻzingmisan? Qayoqdan kun chiqdi?! — U quchoq ochib kela boshladi va shartta bagʻriga bosgancha, dast koʻtarib, gir aylantira ketdi. — Obbo, oshnam-ey! Obbo, ogʻaynichalish-ey! Boshimni koʻkka yetkazding-ku topib kelib! Shu dunyoning bir chekkasida bir gʻarib oshnam bor, koʻnglini olay debsan-da? Oʻyin-qaroq, begʻubor kunlarimizni bir esiga solay debsan-da? Jonim tasadduqlar boʻlsin senga. Yur, yur, shunday jannatday joylarda seni biir mehmon etay. Sen bilan bir otamlashaylik, ezilishaylik... — Sevinganidan oʻzini qoʻyarga joy topolmay, oshnasini bagʻridan boʻshatmay, hovuz boʻyiga surgay ketdi.

Koʻrib turibman: Sultonmurod akam yaxshigina shirakayf edi, lekin tilidan yanglishmas, gaplari ham samimiy edi. Men oq kepkali unaqa-bunaqa odam emas, rostmana kissavur yoki qimorboz deb taxmin qilgan, hech qursa, qarzini qistab kelganlardan hisoblagan edim. U boʻlsa, qiz oʻrtogʻidek kutib oldi. Yoki bularning tovkasida rasm shundaymi? Boshqalarga sir oldirmay qoʻya qolishadimi? Harqalay, koʻnglimda shunga oʻxshash gumon-shubhalar yoʻq emas, gʻimirsib-gʻimirsib qoʻyardi.

Hovuzdan salqin epkin esib, tepadagi yongʻokda zargʻaldoq sayradi. Bu yerlarga yarashiqli biyov-biyovi yana bir qaytarilib, oʻzimga keldim.
— Ha, pakana pari, kelmaysanmi? — dedi mehmon yoniga imlab.

Men istab tursam-da, bosh chayqadim:
— Yoʻq, sigirim qolgan, borishim kerak.
— Sigiringni... it yemas.
— It-ku yemaydi, lekin Chibitko degan bir maxluq bor. Ekin-pekinga tushsa, dumini chopadi. Men esa, dumsiz mol boqishdan... uyalaman.

Birgad yonboshlab yotgan yerida avval xaxolab, keyin dumalab-dumalab kula boshladi. Shunday barzangi, buning ustiga, shopday moʻylovli odamning yumalab-yumalab kulishi bir qiziq edi.
— Topding, bolasi tushmagur, topding. Unaqa maxluqni odam bolasi tugʻmaydi.

Charli bir qadam men tomon yurdi:
— Kim deding? Chigirtko deysanmi?
— Yoʻq, Chibitko.
— Xohlasang, oʻsha Chibitko deganing ertagayoq iniga kirib ketadi. Istaysanmi? — dedi u jiddiy turib.

Men nima deyarimni bilmay, dovdirab qoldim.
— Bir ogʻiz ha desang, bas, pakana pari, — dedi u yana.

Men uning niyatini fahmlab, birdan qoʻrqib ketdim va boshimni sarak-sarak tebratdim:
— Keragi yoʻq, oyim eshitsalar, urishib beradilar, — deya oldim zoʻrgʻa.
— Unda, boraqol, pakana pari, oying urishib yurmasinlar, — dedi u suyib ham erkalab.

Oʻgirilib keta boshladim-u, lekin endi ulardan ajralayotganimdan pushaymon edim.

Farishtalar Omin Demasidan Burun

Gʻalati-gʻalati (hech tashlayolmaydigan) odatlarim bor. Birov qarqunoq boqishga oʻch: naynovdek boʻlib ham uvatlarda chigirtka tutib yuradi. Birov saharmertandan kimlarningdir tuzogʻini qarab chiqishga ishqiboz: bir izgʻib kelmasa, koʻngli joyiga tushmaydi hech. Men esam, sigirimni Izzaga qoʻyvorib, oʻzim biron ovloqqami, bedapoyaning ichigami, urib ketsam. Bedaning oʻsiq bir joyiga kirib olib, sekin choʻzilsamu miq etmayin yotaversam, yotaversam. Naq tepamda popilti-riq chiqarib, dala yellarida chayqalib yotgan toʻp gʻumayning biron uzun shoxiga bedapoyaning jiblajibon-jimit qushlari kelib qoʻnsa va behadik-bearmon chuddiray ketsa. Unga uzoq-yaqindan boshqalari joʻr boʻlsa, boʻlaversa. Men tinglab toʻymasam...

Yonginamdagi beda poyachalarida xonqizlari oʻrmalab yursa, yuraversa. Men koʻz uzmasam... Allaqaerdan gʻumay bargida paydo boʻlgan beshiktervat uning belida toʻxtab, koʻk beshigini tebrataversa, tebrataversa. Yengil shamolda haligi gʻumay poyasi qoʻngan qushchasi bilan silkinib-silkinib, chayqalib borib-kelaversa, borib-kelaversayu u ham chuldur-chuldurini qoʻymasa.

Shu yotishimda kech boʻlsa, shom tushsa, boshini ichiga tortgancha toʻxtab qolgan ulkan toshbaqaga oʻxshash anuv Jiydali tepa tagiga... kennoyimning yoʻlini poylagani chopsam...

Uni oʻsha Choʻmilishda koʻrganimdan beri, keyin oʻsha bir etak qizil taram olmasini opkelib, hech kimga ulashmasdanoq yeb bitirganimdan buyon shunaqaman. shunaqa odat chiqarganman.

Shom tushdi deguncha oʻsha tepaga chopaman. Boramanu Olmazorga qaragan yon bagʻriga chiqvolib, changallar orasida yoʻl poylaganim-poylagan. Kennoyim daladan ba’zan yolgʻiz oʻzi, ba’zan Kattabogʻli qiz-juvonlarga qoʻshilib qaytadi. Yolgʻiz kelsa, jonim kiradi! Pildirab oldiga tushib boraman. Keyin birga-birga ketamiz. Oʻshanda koʻrsangiz meni!..

Ammo, men sizga aytsam, keyingi paytda uning yoʻliga koʻz tikadigan boshqalar ham chiqib qopti. Izzaning narigi betidagi xilvatda tutib olib, soatlab gapga soladiganlar bor. Keta qolaylik, deb tipirchilayversa, qopini ham, oʻzini ham aravasiga soladiyu oladi-ketadi.

Aravasini shundaygina yonginamdan shaldiratib oʻtib, meni changga botirib ketadi. Kennoyim, kennoyijonim aravaning shunday yon chekkasida, uchib ket-maslikka tirishib — ham qoʻrqib, ham kulib-qiyqirib borarkan, men alam-achchiqdan boshimni changallagancha qolaveraman. Keyin chidab boʻlmas bir xoʻrlik bosib kelib, oʻkrab yuboraman:
— Oʻgʻri! Qaroqchi! Birovlarning kennoyisini tortib olguvchi! Oʻh! Sengayam boqqan balo bordir!

Tepamda yulduzlar koʻzdagi yoshday miltiraydilar. Soylikni qorongʻilik bosib, hech nimani koʻrib boʻlmaydi. Faqat, Izza suvi burilishda boʻgʻiq shovullab, oʻksi ichiga sigʻmagan bolakayday, menday hiqillaydi goʻyo...

Shundan keyin ham yoʻl poylashga tushib yuribman. Zora bu gal yolgʻiz oʻtsa, jilla qursa, oʻtini koʻtarishib ketsam, debman.

Bir vaqt... boshida bir bogʻ oʻt, Jimittepa soʻqmogʻidan, changallar oralab bir qiz tushib kelyapti. Yo tavba, oʻzi-ku! Yolgʻiz-ku! Suyunchdan ukpardanam yengil tortib ketdim-ov. Ammo (qaerdanam koʻzim tushdi?!) Jimittepani aylanib oʻtgan arava yoʻlda yana birov — bir otliq koʻrinib... yigʻlab yuboray dedim. Yana menga xalaqit qilishdimi?..

Mundayroq qarasam, ot Barzan, otliq Haybat akam ekan. Obbo, endi bunisi kam edi!

Haybat akam Barzanni qichab, kennoyimning yoʻlini toʻsib chiqishga shoshilar edi.

Maqtanchoq! Barzanni minmasalar nima edi!

Gʻashim kelib, burnimni jiyirdim-u, lekin... lekin rostini aytsam, ot — otmisan ot edi. Shunaqa sollanib, viqor toʻkib kelardiki... taq-tuq, taq-tuq...

Bu ovoz soʻlikdan chiqyaptimi, tuyoqlaridanmi yoki har ikkalovi qoʻshilibmi — ajratish qiyin edi. Shunaqa chiroyli yurib qoʻyarkanki...

Ana u, yoʻl qayrilib, soʻqmoq bilan uchrashgan joyda oʻzidan-oʻzi sekinlab, Haybat akamning bir himosi bilan toʻxtab qoldi va chiroyli bosh silkib, pishqirdi.

Kennoyim hurkibgina oʻzini yoʻl chetiga oldi va otliqning oʻtib ketishini kutgan kabi toʻxtadi.

Haybat akam esa, turibdi iljayi-ib. Na yuradi, na koʻzini uzadi. Xuddi uning qayrilib, oʻt ostidan qarashini kutayotgandek.

Axiyri, bir gʻalati tomoq qirdi:
— Yaxshimisiz, yaxshi qiz? — Va qamchili qoʻlini choʻzdi: — Beraqoling, koʻtarishib ketay.

Bizning soylarda ovoz bunaqa paytlari jangillab chiqadi. Haybat akamning ovozi ham hayajondan bir oz qaltirab, yangrab ketdi. Buning ustiga, tagidagi oti xuddi tayinlab qoʻygandek (balki Margʻu kennoyimni tanibdir, axir, qoʻlidan qandlar yemaganmi?), salomlashgan kabi, bosh silkib-silkib pishqiradi. Qoʻyib bersa, oʻynoqlab, hov birdagidek tomosha koʻrsatsa. Kennoyim oʻtini uzatmadi.
— Qoʻlimni qaytaryapsizmi, Margʻu? — dedi Haybat akam araz qorishiq bir gʻalati oʻksik ovozda.

Kennoyim qayrilmayin ham titrab-qaqshadi:
— Keragi yoʻq, keting.

Men ularning ovozlarini shunday-la eshitib turibman. Boshqa, zogʻ ham yoʻq soylikda. Hamma ketib-ketib boʻlgan. Ammo ular kelisholmay turibdilar.
— Sazamni oʻldirmang, Margʻu. Kela qoling, — deb yalinardi u.
— Keting, dedim, keting! Meni uyatga qoldiryapsiz.— Kennoyim battar titrab-qaqshadi.
— Nima, mendan shunchalik hazar qilasizmi? Kennoyim yoʻlni chetlab, sekin yura ketdi.

Men akamning qiz bolaga elanishini birinchi koʻrib turishim edi. (Shunday magʻrur, badjahl odam-a, tavba!) Ham achindim, ham gʻashim keldi.

Kennoyim esa, gʻiq etmayin yuraverdi. Bu orada ular koʻprikka tushib kelishdi. Izza sokin shovullaydi. Hatto ot tuyogʻining koʻprik ustidagi boʻgʻiq dupuri aniq eshitilib turibdi. Shunday oʻynoqi Barzan ham kennoyimning oldida muloyim tortib qolgan.

Koʻpriqdan soʻzsiz oʻtdilar. Yoʻl koʻtarilib, ot tuyogʻi havasni keltirarli taqirlashga tushdi. (Ular hov birda bizning aravamiz toʻntarilib ketay degan joyda, birga-birga, yonma-yon kelishyapti). Ammo Margʻu kennoyim hamon oʻngʻaysizlanyapti shekilli, atrofga hurkak kiyikday bezovtalanib qaraydi, yoʻldan chetlanga-ni-chetlangan... Soylikdan chiqsa, bilmadim, nima qilar ekan?
— Aytib qoʻyay, Margʻu, mendan qochib qutulolmaysiz, bir kunmas bir kun...
— Nima bir kun?.. — deb kennoyim birdan toʻxtadi, ammo oʻgirilib ulgurmadi.

Haybat akam u tomon engashdiyu bir harakat bilan oʻsha boshidagi oʻtni koʻtarib oldi va:
— Mana shunday qilamanu... bir kuni egarga oʻngarib, opqochaman-ketaman, — dedi oʻtni tizzasiga bosib. — Topib boʻptilar keyin!..

Kennoyim avval allaqanday dovdiragan boʻldi, soʻng rostmana achchigʻi chiqib, yuzini ters burib oldi. Hatto shu achchigʻi ham oʻziga yarashib turardi.
— Yaxshi niyat qiling, Haybat aka! — dedi u titrab.
— Bilasiz-ku, meni, Margʻu. Bir aytganimdan qolganmanmi hech?

Kennoyim arazli bir vajohatda keskin orqaga burildi. Ammo Haybat akamning oʻtni tizzasiga oʻngargancha beparvo ketib borayotganini koʻrib, noiloj qaytdi va yalinishga tushdi.
— Haybat aka, jo-on, Haybat aka! Meni malomatlarga qoldirmang. Ayam...
— Nima ayangiz!
— Ayam oʻldiradilar! Shuni istaysizmi! Qasdingiz boʻlsa, ayting.

Haybat akam ham endi elangannamo qaradi.
— Siz ham bir galcha xoʻp deng. Bir galgina. Yo shu upshgizni koʻtarishib borishga ham arzit.... maysizmi? — U otining boshini burib, yana tenglashib keldi. — Shundaymi?
— Shu bilan bir narsa oʻzgarib qoladimi? — dedi mpnoyim joyidan jilmay, yerga termulgancha.

Ular tepaning shundoqqina yonbagʻrida turishar, Haybat akam men tomonga qarabam qoʻymas, umuman, bu yaqin orada odam bor deb oʻylashmasdi ham. Men esam, nafasimni ichimga yutib, bu mashmasha nima bilan tuʼshnshi kutib oʻtiribman. Changallar orasidan chiqolmayman.
— Oʻzgaradi, — dedi kutilmaganda Haybat akam ovozi qat'iylashib va nimadandir qaysarligi tutib,— Oʻzgarmaguncha ketingizdan qolmayman.
— Shunaqaligini bilsam, shunaqaligingizni bilsam... — Kennoyimning ovozi oʻzgarib kelib, yigʻlab yubordi. — Ey Xudoyim, gunohim nima edi, shu kunlarga qoldim? Oʻzingning rahming kelsin, rahming...

Haybat akam ot jilovini tortib, birpas toʻxtadi. Avval achingan kabi, soʻng suqlanib tikilib turdi-turdi-da, kutilmaganda oʻtni chimzorga otdi:
— Mayli, yigʻla, siqta, qargʻa, ammo mendan qochib qutulib boʻpsan! Oʻylama ham! — dediyu otiga qamchi bosdi va kelgan yoʻlidan choptirib ketvordi.

Men qani endi oʻrnimdan qoʻzgʻalolsam, yolgʻiz qolgan kennoyimning oldiga tushib borolsam. Alammi, ginami, uyatmi — bir nima turishga ham, koʻrinishga ham qoʻymaydi. Tushib nima qila olaman? Yupatamanmi? Menga kim qoʻyipti yupatishni?! Umuman, men kimman uning oldida? Ularning oldida? Bir jinqarcha, bir bolakay-da. Bolaga kim qoʻyibdi oʻzidan kattani suyushni? Kattalarning ishiga aralashishni?..

Chimda Qolgan Sirli Izlar

Mening arazimga ham, shodligimga ham taraf yoʻq.

Oyim bozorga joʻnay turib: «Sultonmurod akangni uygʻotib qoʻyarsan», degan edilar. Men esam, ensam yor bermay supamizda oʻtirgancha oʻtiribman.

Oʻzimga qolsa, kun yoyilib ketmay sigirimni yetaklab, Izzaga qochvorar edim. U yerda birov koʻrib, birov koʻrmagan bir oʻyinim bor. Oʻshanga alahsirmi edim...

Siz bilmaysiz, Izza chimzorlarini tongga dovur shabnam yuvib, chirildrqlar qoʻriqlab chiqadilar. Ikki qadamgina bosing, izlaringizdan ham bilasiz buni.

Hatto tong yorishar-yorishmas soy oshib oʻtib ketgan tulki izlari ham yam-yashil turadi. Oʻsha jimit izlardan borib ininida topmoq mumkin. Menga ham ayni mavridi, birov koʻrib, birov koʻrmagan oʻyinimga tezroq kirishmasam, kun yoyilib ketadi, ulgurmay ham qolishim mumkin.

Behi tagida bir mayna «choq-choq»ladi. Anhor ortidagi nokzorda zagʻizgʻon sayradi. Koʻchadan doʻqirlab arava oʻta boshladi.

Men oʻrnimdan turdim: uygʻotsam, uygʻotib keta qolay.

Sekin borib, ichkariga moʻralasam, akajonim yotibdilar yostiq quchoqlab...

Tavba. Yostiq quchoqlash bunga odat shekilli. Eski uyimizda ham shunga oʻxshab (xuddi yaralangan yoʻlbars sudralib kelib, choʻzilib qolganday) uxlab yotuvdi. Ho-zir ham (kechasi bilan qay goʻrlarda sangʻigan) tosh uyquda yotibdi, yostiqni koʻksiga bosib.

Nimaning dardida tentirardi?! Yo kennoyimni izlab borgan, yo kunduzi biron otni koʻz ostiga olib qoʻyib, kechasi gum qilgan. Ikkisidan biri.

Negadir gʻashim keldi. Eshikni sekin betiga yopib, ketib yubordim. Sigirimni yetaklab chiqdim ham, darvozaning tambasini tushirdim ham, bilmadi. Jilvordim Izzaga qarab.

Targʻilimni Yakkatol yonidagi (men hov birda qobil buvaga mehmon boʻlgan joy) chimzorda qoldirib, (qarasam, oftob Izzaning, u boshidan yonar tojday chiqib kelyapti, shoshmasam, kechikaman) pastga chopdim. Bir maza! Yalang oyokdarimni shabnam yuvib, gilam boʻlib yotgan chimzordan chopib boryapman. Lekin Izza boʻyida ochiqroq-sakrab oʻtadigan joy koʻrinmaydi. Suv yoqasini tizzaga uradigan, undan baland yovvoyi yalpizlar tutib, oʻrab yotibdi. Pochalarimni shimarvolmasam, jiqqa hoʻl boʻladiganman. (Keyin biron tepaga chiqvolib, oʻzimni allavaqt oftobga solib oʻtirmasam qurimaydi. Unga vaqt qani!) Toʻxtab, qayirib ola qoldim va rosa shoxlab, ham bargi shabnamdan egilishga kelgan yalpizlar yoqalab borib, siyraklashgan joydan narigi betga sakradim.

Biz bu yerni ot qamalgan qoʻriq deb ataymiz. Chindan ham oʻzi shunaqa joy. Bir vaqt yarmi uchgan jomashovimiz boʻlardi. Oʻshanga oʻxshab buning ham Izza tomoni ochiq, qolgani chim bosgan doʻngtepa bilan oʻralib kelgan. Agar rostdan ham bir otni optushib, bu qoʻriqqa tushovlab qoʻyvorsangiz, ming zoʻr boʻlsin, chiqolmaydi! Necha kun desangiz, turaveradi.

Ana shu qoʻriqqa oʻtvolib, tepani taglab chopa ketdim. Orqamda bir ajoyib yashil izlar qolyapti. Tepaning «tagidagi oʻtloq» ajralib boryapti. Shu izimdan bir borib kelsam, u yogʻi oson. Keyin chim bosgan doʻngtepaga qiyalamasiga chopib chiqib-chopib tushaveraman. Bu yoqda izimdan «tugʻilgan» tik jar tepasida bir kenglik — osmon yuz ochib boraveradi, boraveradi. Va men oʻsha kenglikda yolgʻiz oʻzim bilgan yoʻnalishda yugurib borib-yugurib kelsam, quling oʻrgilsin bir iz — «argʻamchi tashlab uchgan turnalar» paydo boʻladilar. Uni hozir bu yerda turib tasavvur qilish qiyin. Oʻni koʻrish uchun hov Izzaning narigi betiga qaytib oʻtish kerak. Siddiq arrakashning bogʻi etagidagi tepachaga chiqvolib, tizzani quchoqlab, oʻtirvolish kerak. Ana oʻsha yerdan koʻrsangiz buni!..

Ungacha hali ot qamalgan oʻtloqqa qaytib tushishim, ming ehtiyot bilan yana yolgʻiz oʻzim biladigan joylardan yurib, chimda izlarimni qoldirishim, (goh tovonim-la shudringlarni sidira-sidira, goh choʻkkalab boʻlajak otimning yollarini taray-taray), tushov uzib osmonga sapchigan Barzandayin otimning rasmini chimga tushirishim kerak.

U ba’zan bundayroq chiqadi. Rostmana tushov uzganday, bir sakrashda oʻngirdan hatlab chiqib ketadiganday koʻrinmaydi. Ba’zan shunaqa zoʻr chiqadiki, oʻzim koʻrib, tanamga sigʻmay-la ketaman. Nazarimda, u yashil otimga jon bitib, mana hozir Ot Qamalgan Qoʻrikdan sakrab chiqib ketadigandek... Oʻzim ham hovliqib qolaman. Turnalarim-chi, turnalarim! Ular ham koʻz oʻngimda asta qoʻzgʻalib, qanot qoqa boshlaydilar. Hatto «qur-ey, qur-ey»lagan bir tur ovozlarini eshitganday boʻlib ketaman. Izlarim shunaqa yashil tortib, jonlanib koʻrinadilarki... balki yolgʻiz oʻzimgagina shunday tuyular, shunday koʻrinarlar. (Hatto oʻsha izlar oʻzimniki ekaniga ishonmay qola boshlayman, tavba!) Lekin bular hammasi oftob bir terak boʻyiga kelguncha, koʻtarilguncha. Keyin chimzordagi izlarim oʻngiy borib-borib, oʻrnida yana oʻsmarang chimzordan boʻlak narsa qolmaydi.

Chimlarning koʻzlaridagi shuncha shabnam, shuncha billur tomchilar qayoqqa yoʻqoladilar, otim, turnalarimga qoʻshilib uchib ketadilarmi, oʻchib ketadilarmi — bilmasdan, bilolmasdan qolaveraman.

Shunaqa. Har oʻyinning ham oxiri bor: tugaydi. Lekin biz biri tutasa, boshqasini boshlaymiz, boshqasini topamiz.

Men ham Siddiq arrakashning bogʻi etagidagi doʻngdan tushib, narigi bedapoyaning pastidagi tepachaga qarab ketdim. U ham oʻziga yarasha bir ajoyib. Ayniqsa, Izzaning narigi betiga oʻtvolib, Jartepaning boʻyida oyoqni osiltirvolgancha tomosha qilsangizmi! Chindanam. Bedapoyaning etagi soyga kelib, juda gʻalati uzun tepa boʻlib tugaydi. Xuddi soy boʻyida oʻzini oftobga solib yotgan bir yoʻlbars kabi va u mana hozir asta boshini koʻtarib qoladiganday.

Uning choʻzala tushgan tanasiyu uzatib yuborgan oyoqlari, boʻyni, hatto dumaloq boshigacha shunday oʻxshash, oʻz oʻrnidaki, ataylab ham bunday tepa yasash qiyin. Oʻziyam Yakkatoldan Jiydalitepa yonidagi qoʻriqqacha choʻzilib borgan. Hammasidan ham ajoyibi, tagida (ikki oyogʻi oʻrtasida) har kim ekin ekib yuradigan boʻltak yer borligi. Babaqlari va boshi yonlarini tikangul bosib, changalzor boʻlib yotibdi. Endi tasavvur qilavering biz ustida quvlashmachoq oʻynab charchamaydigan bu yassi tepani. Oftobga oʻzini toblab yotgan yoʻlbarsdan qaeri kam?!

Men endi shu tepaning ustiga chiqib, asta maysa uzra choʻzildim. (Albatta, chalqanchasiga. Tepamda — osmoni falakda qanot qoqib chuldirayotgan soʻfitoʻrgʻay. Undan koʻz uzmayman. Bir oʻtning poyachasini labimga qistirvolganman. Yotibman oʻshani oʻynab.) Oftob xush yoqib, bir ajoyib elitayotir. Qimirlagim yoʻq. Kipriklarimni ochsam, bu beqiyos mazani birdan qochirib yuboradigandekman.

Ammo hech qancha oʻtmay quyosh qizdira boshlab, qocharga joy qidirib qoldim. Oʻngarilib qarasam, tepaning yarmi haliyam Yakkatolning soyasida; koʻm-koʻk boʻlib, jilva qilib turibdi. Ikki dumalasam, soyaga yetaman. Bu oʻt ustida men dumalamay, kim dumalasin.

O, ana rohat! Dumalash bir rohat, oftobdan soyaga qochib oʻtish bir rohat! Oftob endi Yakkatolning tepasidan chiqay-chiqay deb turibdi. Orqasida laxcha choʻgʻ boʻlib turgan oftobdan pir-pir tol barglari yonib ketay-yonib ketay deydi. Lekin yonishga ulgurmay, oftob yuqorilab, tol uchlariga chiqadi.

Bunga sari tolning qay bir eng pastki shoxiga qoʻnib silkinayotgan qarqunoq «qiyov-qiyov»lab, uchirma polaponini yoniga chorlaydi. Ergashtirib allaqayoqqa olib ketmoqchi-yu, u «gʻalcha» tushuna qolmaydi.

Yonimda, shunday yonginamda bir pushtirang qanotli chigirtka paydo boʻldi. U maysalar ichidan oʻrmalab chiqib, otbashara boshini magʻrur tutib, oʻzini oftobga solib turdi-turdi-da, qanotlarini yoyib, oyoqlarini kerdi va uchmoqqa shaylandi. Qimirlasam, sakrab qochvorishi tayin. Shu bois soya ustimdan sirgʻalib tushib, quyosh peshonamni qizdira boshlasa hamki, qimir etmadim, chidab yotaverdim. Chigirtkaxon nima qilarkin deb. Burnimning ichi qichishib kelib, aksa urib yuboray deyman, zoʻrgʻa oʻzimni tiyaman, u boʻlsa, oyogʻini keradi-yigʻadi, qanotlarini yoyadi. Axiyri bir sakrab koʻtarilgan ham edi, allaqaerda tayyor turgan bir chumchuq pir-r uchib kelib, ildi-ketdi. Qanotlari naq peshonam ustida parillab, choʻchib tushdim. Azot turib, oʻtirib olibman.

Koʻzimni ochganimda, u chitton qushcha Izzaning narigi betidagi oʻpirilgan jar yoqasiga (hoynahoy oʻsha yerda ini ham bor) yetib boʻlgan, chigirtkaxon uning tumshugʻida «sayr qilib» borar edilar. Bu uning umrida eng uzoqqa «uchgan» kuni boʻlsa kerak.

Men uning sakrongʻich oyoqlari qanday uzib tashlanib, qanotlari qanday yulib tashlanayotganini tasavvur etib oʻtirmayoq, yana asta choʻzildim.

Kuragimga chim yumshoq botib, rohatlanib uzangan edim, tepamdagi bedapoyadan bir gʻalati nozik ovoz tarala boshladi. Mahliyo boʻlib qoldim.
— Kur-kut, kur-kut, kur-kut...

Xuddi biron jonivor boshqasini erkalab chaqirayotgan kabi. Ammo-lekin har kirkatidan keyin bir bedana patpalaqlab sayrab beryaptiki, shu tepamdagi bedapoyada sayrayaptimi, soyning u yogʻidami — hech ajratolmayman. (Oʻzi mening atrofimda sayrab, ovozi u yoqdan kelayotganga ham oʻxshaydi, tavba.) Zab sayratma ekanmi?! Yotgan yerimda (xuddi oʻngarilsam, choʻchib ketadigandek) patpalogʻini sanay boshladim: ...Oʻn bir, oʻn ikki... qoyil! Zoʻri ekan-ku juda!

Sekin qaddimni koʻtarib, oʻngarilib qarasam, bedapoya ichida choʻnqayib oʻtirgan birov borakan:
— Oʻtir-e, oʻtir! — deb qoʻl silkilab, urushib berdi.

Sekin joyimga choʻka qoldim. Kallai saharlab bedana tutishga chiqqan kim ekan, deb bunday nazar tashlasam, bir oyogʻini sudrab bosadigan anuv bedanavoz — jikkak, sariq odam. Hamisha yelkasida toʻr, oldida shalpangquloq anqayma iti, bedapoyama-bedapoya izgʻigani-izgʻigan. Falonchi sariq, demasa, birov tanimaydigan kishi.

Oʻsha amaki roʻparamda yarim orqa oʻgirib oʻtirvolib (shipillavolib qachon kelganini ham, qachon toʻrini yoyib ulgurganini ham sezmabman), qoʻlidagi tupchasini xoʻb oʻrinlatib chalayotgan ekan. Bir me’yor chaladi-da, nafas yutmay, jim qoladi. Bu chorlovdan mast sayroqi esa, koʻzi tinib, hushi ogʻib, toʻr tagiga yoʻrgʻalab kelganini bilmay ham qoladi. Yoʻlakay toʻxtab-toʻxtab, patpaloqlab sayrab yuboradi. (Shunda amakini koʻrsangiz: sayratma qaerga kelib qolganini bilmoqchiday boshini choʻzib, sayrayotgan joyga tikilgancha tosh qotadi. Choʻchitib yubormay, deb qimir etmaydi, ammo-lekin koʻzini ham uzmaydi. Dukurlagan yuragi boʻgʻziga tiqilib, qanday chidayapti — hayronman.) Tupchali qoʻlga jon bitib, oʻsha avrovchi ovoz tarala ketdi yana:
— Kur-kut, kur-kut...

Sayroqi bu gal yoʻrgʻalashga ham sabri chidamay, bir porillab koʻtarildi-yu, uch qulochcha beriga, koʻrpa boʻla boshlagan beda ichiga kelib tushdi.

Ammo amakining sabriga qoyil! U hamon qilt et-masdi: oʻsha-oʻsha yelkasini ichiga tortgancha, qotib oʻtirar, barmogʻini tupchasidan olmas edi. Yana oʻsha ovoz uning tizzalari orasidan, yer bagʻirlab uchdi:
— Kur-kut, kur-kut...

Bu aldov sayroqi toʻr tagiga kirib kelguncha davom etdi (kirib kelganini qanday bildi — hali-hanuz aqlim yetmaydi), keyin amaki bir himo bergan edi, xoldor iti yotgan yeridan otilib chiqib, toʻr atrofini gir aylana boshladi. Men qotib qopman.

Keyingisi oson ekan: amaki pusib oʻtirgan yeridan sakrab turdi-da, yarim engashgan koʻyi toʻrini silkidi. Bedana porillab koʻtarilib toʻrga urildiyu pitir-lab qoldi. Bedanavoz oʻzini uning ustiga otdi.

Men ham qanday turib ketganimni oʻzim sezmay, yoniga uchib bordim.

Amaki sayroqini toʻr tagidan chiqarib olib, tumshugʻini namlar ekan, oʻzida yoʻq iljaydi:
— Ha, zangʻarcha, qoʻlga tusharkansan-ku! — Keyin munchoq koʻzlari pitrab turgan hurkak bedananing qanotlarini silab, yoruqqa solib, maqtandi. — Uch haf-tadan beri dumini tutqazmaydi-ya, ayyor. Xoʻb, mast paytida avrab tutib oldimmi?!
— Tupchangizam zoʻrakan, — dedim men besh ketib. Amaki boʻynini bir gʻalati choʻzib:
— Hoʻ, sen bilmaysan, men buni qaerlardan topdirib kelganman! — dedi.
— Qaerdan? — dedim qiziqishim ortib.
— Naq Turvotdan! Koʻryapsanmi terisini? — U chap bilagiga osvolgan kirkatini yuqori koʻtarib koʻz-koʻzlagan edi, ustiga sirilgan narsaning och jigarrang patlari mayin yiltirab ketdi. Men uni ushlab boqishdan oʻzimni tiya olmadim.
— Zoʻr-ku! Nimadan qilingan?
— Oʻrdakning boʻyin terisidan! Shuniyam bilmiysanmi? — dedi kulib. Soʻngra bedana qanotini bir kerib qoʻydi-da: — Ammo-lekin bu undanam zoʻr. Hoʻ, sen bilmaysan, — dedi.

Amaki rostdanam bedananing oshigʻi ekan. Hatto erkalab, qanaqadir tovushlar chiqarib, tumshugʻidan bir-ikki oʻpib ham oddi. Keyin menga sinovchan qaradi.
— Men bilan bir joyga borasanmi, yigit? Menga nima, sarguzasht boʻlsa boʻldi-da. Shuning uchun hech oʻylab oʻtirmay:
— Boraman, — dedim. — Qayoqqa?
— Izzaning hov narigi yogʻida yana bitta shunaqasi bor. Necha kundan beri chap berib yuribdi. Oʻshani tutib kelamiz. Boʻptimi?
— Boʻpti! — dedim ich-ichimdan shodlanib. — Toʻrni surgashvoramanmi?
— Surgashvorsang, birpasda tutvolamiz. — U belbogʻiga osilgan oq surp xaltachasining ogʻzini ochib, sayroqini avaylab sola boshladi. Iskovuchi boʻlsa, jil-panglab aylanadi-keladi, aylanadi-keladi, oyoklariga tarmashadi.
— Men koʻtarvolay, — dedim chindanam bir ushlab koʻrgim kelib.

Ammo amaki bedanaxaltaning ogʻzini tugib, azza-bazza qoʻyniga joylay boshladi.
— He, yoʻq, buni hech kimga ishonilmaydi. Bilmay ezib qoʻysang, men nima qilaman?
— Darrov oʻla qolibdi-da!
— I-i, ha, sen bu qanaqa bedanaligini bilasanmi oʻzing?
— Qanaqa ekan?
— Yuzta bedanaga alishmasman buni, — dedi u behazil.

Menga nasha qildi:
— Yuztadan a’lo boʻlsayam, otminan tuya boʻlarmidi?!
— Boʻlganda qandoq! — U toʻrini yigʻishtirgani kirisha turib, toʻxtadi: — Hali qoʻlga oʻrgatvolay, sayrashga tushsin — koʻrasan. Bitta otni yetaklab kelib, tashlab ketadilar. Sen nima deb oʻylayapsan buni?!
— Barzandaqasiga... almashasizmi? — dedim hayratga tushib.

U bedana toʻrini uchidagi qoziqchasi bilan ilib-ilib yigʻishtirarkan, miyigʻida kulib qoʻydi:
— Qaniydi, lekin kech qopmiz. Men tushunmadim.
— Nimaga... kech qolasiz?
— Gum qilib ketishibdi-ku shovvozlar.
— Barzanni-ya?
— Ha-da.

Men anqayib qoldim.
— Qachon, kim?..
— Kim boʻlardi! Ot jinnilari ozmi! Barzan nomini eshitsa, hushi uchib, esi ogʻib qoladiganlardan birortasi moʻljallab yurgan-da...

Beixtiyor Sultonmurod akam xayolimga keldi: yolgʻiz oʻzi katta uyga kirvolib, yetti uyquni urib yotishi qiziq edi. Nahot Sultonmurod akam?

Hovliqib amakining yengidan tortqiladim:
— Qachon dediz? Shu kechasimi?
— Qayoqda! Bir kun boʻlyapti-ku! Eshitmadinglarmi?

Men hayratda bosh chayqadim. Biz-ku, mayli, eshitmay qolgandirmiz, lekin akam-chi? Hech narsadan xabari yoʻq odamday kun chiqqunchayam uxlab yotishi gʻalati. Yo bilsayam?..

Amaki toʻrni beda ustidan sidirib-tortib, tirsagiga oʻray boshladi:
— Javr-javr — chavandoz bilan ot qorovulga javr boʻpti.
— Nega? Ularning boʻyniga qoʻyishdimi? — dedim shoshib. (Axir, Haybat akam!..)
— Daragi chiqmagach, rais melisa chaqirib, shularni qamatib qoʻyganmish.
— Haybat akamni ham-a?
— Hazilakam otmidi Barzan? Musobaqalarda sovrin olib yurgan...
— Haybat akam-chi, u kim ekan? Chavandoz-ku, axir.
— Oʻgʻrining izi chiqmagach, shuda. Boshqa kimni ushlaydilar? — Amaki toʻrni tirsagidan chiqarib, aylantirib-aylantirib tutdi-da, yelkasiga tashladi, kuchugini ergashtirib, pastga yura boshladi. Keyin toʻxtadi. — Darvoqe, anuv bor-ku... arava minayotgan okang.... Oʻshanga aytib qoʻy, koʻzdan nariroq yura tursin.

Damim ichimga tushib ketdi. Serrayib qopman oʻzimam. Amaki yelkamga qoqib, hushimga keltirdi.
— Har ehtimolga qarshi-da. Tagʻin unga agʻdarib yurishmasin, — dedi allanechuk mehribonlik ila.

It bir nimaning isini olib, pildirab beda ichiga kirib keta boshlagan edi, urishib chaqirdi:
— Max-max-max, Olaquloq.

Ammo Olaquloq boshini koʻtarib ham qoʻymay ketvordi.
— Oblochining itidanam battar chiqdi-da. Is oldimi — yugurgilab ketavuradi falonchiga oʻxshab...

Maroqlandim:
— Falonchi kim?

Oʻzining gapi oʻziga nasha qilibmi, endi rostmana yuzi yorishib, kuldi:
— Ha, bor-ku anuv... Oʻpka?! Hah, nimayam edi oti? Men yelka qisdim:
— Bilmasam men...
— Nega bilmasakansan? Uni bilmaydigan bormi? Axir anuvlarning iskovuchi: xabar beradiganiyam, boshlab yuradiganiyam-chi?!
— Ha, bolalar koʻrsayoq tiraqaylab qochadiganmi? — dedim.
— Balli, topding, — deya yelkamga qoqdi u, — Oʻsha koʻzi sovuq, moʻndiday odam . Uyam bir ilashsa, tutmay qoʻymaydi shu itimga oʻxshab... Ertaga urushlariyam tugar, bu mansablariyam bitar, demaydi. — Kutilmaganda u iqi suyib, pastga boshlab qoldi. — Yurdikmi, pakana pari, Izzaning naryogʻiga?

Men ichim qurib, ergashdim:
— Yurdik! Toʻrni surgashvoramanmi?
— Surgashvorasan. — U oʻtirilib itini chaqirib qoʻydi: — Max, Olaquloq, max-max-max.

Bu gal iti birpasda shipillab kela qoldi. Biz Yoʻlbarstepa yoqalab, Yakkatol tagiga qarab ketdik. Tol soyasi tepadan sirgʻalib tushib ulgurgan boʻlsa-da, haliyam allaqancha joyni tutib yotar, shudring ham oʻsha joylardagina qolgan edi.
— Ha, esladim zangʻarni, — dedi kutilmaganda amaki orqasiga qayrilib qarab qoʻyib, — Akmal juvonmarg-da.

Xotinlarga oʻxshab, qargʻanib gapirgani nasha qilib, kuldim. Soʻngra paytdan foydalanib, anchadan beri meni qiynab kelayotgan bir savolni berdim:
— Unda Asol xolamning oʻgʻillariniyam shu sotgan ekan-da?
— Anuv nikohida oblochi bosgan xolavachchangnimi?
— Ha-da. Tanirmidingiz?
— Taniganda qandoq! Shunday yigitni yetim demay, oʻn gulidan bir guli ochilmay, yoʻq qilib yuborishdi-ya, zangʻarlar. Surishtiradigani yoʻq boʻlgach, shuda. Ey, bularga ham boqqan balosi bordir Xudoyimning! — U tupchali qoʻlini bir siltagan edi, bilagiga urilib, beoʻxshov «kirkat»lab ketdi.
— Rostdanam oʻsha ishga aralashgan boʻlsa, Sultonmurod akam sogʻ qoʻymaydi, koʻrasiz hali! — dedim-u, tilimni tishlab qoldim.
— Kim deding! Haligi arava minayotgan okangmi? — deb amaki yelkasi osha qarab qoʻydi.
— Oʻsha, — dedim noiloj. U bosh chayqadi.
— Ammo okangga aytib qoʻy. Hazir boʻlsin undan. Naq iblisning boshli-koʻzli balosi-ya! Bir oʻchakishsa, qoʻymaydi. Shunaqa dogʻuli, ilonning yogʻini yalagan.

Shu payt tashlama ariq boʻyidagi oʻtlar orasidan bedana parillab koʻtarilib, chuluq-chuluqlagancha soy oshib ketdiyu Olaquloq bir narsa qilishga ulgurmayoq anqaygancha qolaverdi. Amaki uning shu turishiga besh ketib, kulib yubordi.
— Oblochini iti boʻlishingga ancha borakan. Shu makishlarga ovora boʻlib yuribsanmi, ovsar? — Keyin erkalab qoʻshib qoʻydi. — Hay, mayli, burning bir gal pand bersa beribdi. Bugungi ovimiz bir yilga tatiydi! Max-max-max...

Biz tolu tutlar tagidagi chimzordan oʻtib, soylikka tushib borarkanmiz, orqada ertalabkidek bir alomat yashil izlar qoldirganimizni koʻrib (hatto Olaquloqning jimitdek izlari ham chimda aniq-taniq koʻrinib turar edi), amakidan:

«Shunday Barzanning izi qolmabdimi, axir, uni ham shu soydan olib oʻtishgandir?» deb soʻramoqchi boʻldim-u, yana soʻramay qoʻya qoldim.

Axir, hamma menga oʻxshab saharlab tushib yuribdimi bu yoqlarga? Qolaversa, bugun emas, kecha tushmaymanmi? Chimda qolgan u sirli izlarni koʻrgan boʻlarmidim!

Jonivorni endi qanday topishar ekan?

Akmal Juvonmargning Hiylasi

Targʻilimni yongʻoqzorga soyalatib, tepaning yonbagʻridagi oq oʻrikdan bir-ikki tatib, nihoyat uyga kirib borsam, katta tolning tagidagi supamizda oq-oppoq boʻlib, xontaxtaning bir yonini toʻldirib, opogʻoyim oʻtiribdilar. Haybat akamning oyilari. U kishi oq-sariqdan kelgan, yuzlaridan nur yogʻilib turadigan katta xotin edilar. Uzoqqa borolmasdilar. Borib qolsalar ham, ikki kun tizzalarini uqalab oʻtirardilar. Koʻchib kelganimizdan beri kelmagan edilar. Endi, mana, uyimizga nur kirgandek, bir yarashib oʻtiribdilar.

Men salom berib, chopib bordim va supaga tizzalab boʻynimni egdim. Opogʻoyim oʻtirgan yerlarida bagʻrilariga tortib koʻrishdilar. Peshonamdan oʻpib, kuraklarimni siladilar.
— Xudo-oy, yetimlarning baxtini oʻzing bergin. Oying ne umidlarminan katta qildi, ilo-oy rohatingni koʻrsin, — deb duo qilib, oyimga oʻgirildilar:
— Voy-hoy, Salomxon, shu Maqsudxoʻjangizmi-a, kichkina noʻxatingizmi? Tuf-tuf-tuf, koʻz tegmasin, yomon koʻzlardan oʻzi asrasin. Boʻylari bir choʻzilib, ovozlari doʻrillab, katta yigit boʻp qoptimi? Yaqinda qiz qidirib qolarkanmiz-da? Toʻylarini koʻrarkanmizda buningizning?..

Men uyalib, turib ketvorarimni ham, qolarimni ham bilmayman. Ketvoray desam, oʻzimning opogʻoyim. Shundan shu yoqqa bizni deb keptilar. Qolay desam, uyaliblar ketyapman bu gaplaridan.

Oyim qutqardilar meni.
— Hali oʻyin bolasi-ku, opogʻoyisi. Bola boʻlmasa, kallai saharlab ketganicha endi kirib keladimi peshin qilib?! Na choy ichibdi, na non olibdi.

Oʻrtoqlarim optushgan narsalaru oʻzimiz Siddiq arrakashning bogʻidan uzib chiqqan uzum bilan Yakkatolning tagida bir chiroyli nonu angur qilib olgani-mizni, keyin Izzada baliq ovlab, peshinga qovurmoqchiligimizni aytib boʻladimi ularga.
— Ertalabki qaymogʻing ham joyida turibdi, olib kela qol, — dedilar axiyri oyim.

Qutulganimga jon-jon deb tura qoldim. Hali togʻorachaga bir burda non toʻgʻramagan edim, soʻrab qoldilar:
— Sen-ku, mayli, Sultonmurod akangga nima jin urdi? Shunday ketvoribdi? Kelsam, choy ham ichilmagan, dasturxon ham yozilmagan?

Men toʻgʻrisini aytolmay yerga qaradim.
— Qachon qaytarkan, aytmadimi?

Mana, aytilgan ishni qilmaganimning oqibati! Uygʻotib qoʻysam-ku, shu gaplar yoʻq edi.
— Men ketayotganimda... uxlab yotib edilar, — deb mingʻirladim zoʻrgʻa.
— Unda kelib qolarkan peshinlarga. Eshikni tambasini shunday tushirib ketibdi. Koʻngli boʻlmas, bir xabar olib oʻtmasa, — dedilar opogʻoyimga.

U kishi xayollanib, dasturxon chetini silab qoldilar. Men ularni hech bu ahvolda koʻrgan emasdim. Unaqa-bunaqa tashvishlarni koʻrdim demasdilar. Boshqalarga: «Hoy egachi, shunga shuncha koʻz yosh, diydiyomi, orqangizga tashlavoring-e! Xudo olsinztyai, Sizzi koʻz yoshiz bilan oʻnglanib qolarkanmi?! Unglaydiganiyam Oʻzi, qoʻllaydiganiyam Oʻzi. Xudoga solib qoʻyavering», deb nasihat qilib yuradigan odam... bunday oʻtiribdilar. Yana harsillab-lorsillab oyimning oldilariga keptilar. Haybat akamning ishi chatoq, shekilli. Tavba, Barzanni birovlar oʻgʻirlab, Haybat akam javob beradi ekanmi?
— Unda birpas kuta qolayinmikan? Yo kun isib ketmasdan... — dedilar opogʻoyim koʻzlari allaqanday yoshlanib kelib.
— Voy, kennoyi, shu issikda qayoqqa borasiz, ozmuncha yoʻlmi Qoratosh?! — dedilar oyim hech rozi boʻlmay. — Keldizmi, kuting. Oʻzi bir yoqli qilib beradi. Haybatillayiz shunga uchrang deptimi, bir narsani bilib aytgan.
— Dadajonga bora qolaymi, devdim. Harholda, past-balandni biladi. Zakunni biladi.

Oyim ilkis bosh chayqadilar:
— Zakunidanam burun ot topilishi kerak. Ot topilmasa, zakuniyam ish bermaydi, kennoyi. Endi birpas sabr qilasiz. Kelmasa, ana Maqsudxoʻjam bor, topib-chaqirib keladi. Umid bilan keldizmi, oʻtiring. Sultonmurodniyam qoʻli ancha joyga yetadi, bu yoqlarga endi kelgani bilan. Oling, dasturxonga qarab oʻtiring.

Opogʻoyim «xoʻp, mana, ovotman, ichib oʻtiribman», deb piyolani qoʻllariga oldilar, ammo hadeganda chiroylari ochila qolmasdi.

Men qoʻzgʻaldim.
— Boʻlmasa, shiyponga oʻtib kela qolay. Aytishar qaerdaligini ?
— Qaniydi, toychoq, qaniydi? Opogʻoying oʻrgilsin, oʻzim toʻylaringda oying bilan bosh boʻlay. Chimildiqli uylaringni poylab chiqay. Borib kelaqol. Maniyam koʻnglim tinchisin. Yana kimlarga yalindim, boraqol. — Opogʻoyim kuraklarimni silab, duo qildilar: — Iloho, shu uylarda ungin-oʻsgin. Tup qoʻyib, palak yoygin. Yurtda martabalar topgin.

Men ham bir ogʻiz shirin soʻzning gadosiman, bu duodan Sultonmurod akam dunyoning narigi chekkasida boʻlsa, aytib kelgudek holga tushib, oʻrnimdan turdim.
— Tez borib kela qol, biz poylab oʻtiramiz. Aravasini qoʻshib kelsin. Biratoʻla opogʻoyinglarni tashlab qoʻyadi, — dedilar oyim tayinlab.
— Xoʻp, — deya men koʻcha eshik qolib, oʻrtadagi yoʻldan opamlarnikiga chopdim. Oʻshanaqasi tutzorning ichi bilan kesib chiqmoqchi edim. Ammo jiydaning tagiga yetganimda tepa yoʻlda arava shaldiraganday boʻlib, toʻxtab qoldim: Sultonmurod akammi? Bu yoqlarda undan boʻlak kim ham boʻlsin. Qaytdim.

Chiqsam, chindanam oʻzi! Arava Saynabi domlaning qayrilishidan chiqib kelyapti. Faqat, ilgarigi shaxti yoʻq. Tizginni boʻsh qoʻyganicha, aravaning yurishiga monand chayqalib kelyapti. Shunaqa xayol surib ketibdi. Boʻlmasa, otlarini oʻz holiga qoʻyib qoʻyarmidi?! Ayniqsa, shu qiyamalikdan tushishda?! Oʻrnidan tik turvolib, bir qoʻli-la tizginni silkilab, qamchinni shotiga chars-churs urganda koʻrsangiz uni! «Qiyov-qiyov»lab otlarni qistaganda koʻrsangiz! Shaddirab borayotgan arava toʻn-tarilib ketay-ketay deb yana oʻnglanib olganda koʻrsangiz uni! Ho-ov, bir olam zavq topardi akam bundan. Ana uni haqiqiy Sultonmurod, gʻayrati olamga sigʻmagan yigit desa boʻlardi. Butun peshonasini tangʻib olgan qiyigʻini demasa, nimasi bor, nimasi qopti?

Rostdanam, u keyingi kunlarda bir gʻalati — kamgap, ichimdagini top boʻlib qoldi. Ilgarigidek tegishib, hazillashishlari, sharaqlab kulishlari yoʻq. Izzada ham kam koʻryapman: kennoyimning yoʻlini kutishlari, jiydazorda gapga tutib, aravasiga solib ketishlari yoʻq. Yo men arazlab bormay qoʻydim, yo ular arazlashib kelmay qoʻyishdi. Haybat akam esa, nega koʻrinmaydi desam, ish chappasiga ketgan ekan. Bedanavoz amakining aytgani rost chiqdi, ana, opogʻoyim kelib oʻtiribdilar. Sultonmurodga boring, otni topishvorsin, boʻlmasa, meni boʻshatmay, kesib yuborishadi, deganmish.

Bu kishim esa, hech gap boʻlmagandek, (axir, Barzan ustida oʻlib qolay deganlarini kim koʻrmabdi!) kelyaptilar. Yo qilar ishni qilib qoʻyib...

Men xayolimdan oʻzim qoʻrqib ketdim. Anhor boʻyiga oʻtirayotgan joyimda turib oldim. Akam indamay oʻtib borib, aravasini tolqator tagiga burdi-da, tushib, otlar soʻligʻini chiqara boshladi. Keyin ularni qantardi. Arava ichidan belbogʻga tugigʻliq bir narsa olayotib, kimnidir izlaganday atrofga alangladi. Men chopib bordim. U shaxti past alpozda iljaydi:
— Hm, arazlashganday... tumtayib opsan, tinchlikmi?
— Oʻziz-chi? — dedim men ham.
— Meni qoʻyaver, meni jin urmaydi, — dedi zoʻrma-zoʻraki jilmayib va nari yurdi.
— Yaxshi koʻrgan Barzanizzi jin urib ketibdi-ku?..
— Xabarim bor, — dedi u sovuqqina.
— Opogʻoyim keb oʻtiribdilar. Haybat akamni...
— Unisidanam...

Hayron boʻldim. Hammasidan xabari bor odamning yurishini qarang! Jilla qursa, Haybat akamga achinsa boʻlardi!

U esa, otlarning boʻyinbogʻlariga yana bir qarab qoʻyib, qaytdi. Oʻsha yerdanoq bosh irgʻab:
— Gaping rost boʻlsa, oʻsha belbogʻdagidan bir-ikki bosh chayib kir, bor, — dedi xuddi angrayib qolganim yoqmaganday.
— Xoʻp, — deb men noiloj surindim. Sultonmurod akam boyagidan sal yumshab, ichkari qarab yurdi va qamchinini yoʻlakay eshik zulfinida qoldirib, kirib ketdi. Anhor boʻyiga borib, belbogʻni ochsam... voy, uni koʻring! Otliqqa ham topilmaydigan daroyi! Saharda uzilganday dirkillab turibdi. Uzumlarning poshshosi! Bunaqasi faqat Kattabogʻdayu Siddiq arrakashning bogʻida bitishi mumkin. Ishkomidan gʻir-gʻir shamol oʻtmaydigan joyda ovora boʻladilar.

Uzumning ikki boshini chayib, hovliqib kirib borsam, ular koʻrishib boʻlib, oʻtirishayotgan ekan. Taqsimchaga solib chiqib, oʻrtalariga qoʻydim.
— Voy, Salomxon, yanglishmasam, Asol opamni daroyilardan-ku. Yo bu yoqlargayam koʻchatidan kelganmi? — dedilar opogʻoyim uni koʻriboq.
— Kelgan emas, shoʻttan borgan. Hammasi Vahob pochchamni bogʻlaridan tarqagan. U kishidan mirishkori bu dahada yoʻq, — deb oyim Sultonmurod akamga qarab qoʻydilar. — Yana bir boʻlsa, Nusrat pochchamning bogʻlarida koʻrgandayman.

Sultonmurod akam yalt etib, boshini koʻtardi, bir oyimlarga, bir uzumga qarab, jilmaydi.
— Rostdanam, xolam soʻrab yubordilar. Kechki payt oʻtarmiz, deb shuni bervordilar, — dedi.

Naq boʻlmasa men galvars boshqacha xayollarga borishimga sal qoluvdi. Nusrat pochchaning bogʻlaridan ekan-ku, qariyb oʻzimizniki hisob. Nusrat pochcha kim? Xolamning erlari. Bu xolamgilar oʻzlari shahar hovlilarida turishadi-yu, yozda ikki oygina shu dala bogʻlariga yengil-elpi koʻchib chiqishadi. Men koʻp borganman, ammo bogʻni unchalik tintimagan ekanman. Boʻlmasa, bilardim!
— Olinglar. Oling, kennoyi, omonlik-somonlik, — deb dasturxonga qistadilar oyim.
— Yetkazganiga shukr Xudoyim oʻzining shunaqa ne’matlariga. Mana, men oldim, — deb opogʻoyim birinchi qoʻl urib berdilar.

Kutib turib hammadan keyin men ham bir shingil oldim-da, ogʻzimga soldim. Oh, olamda shunaqa uzumlar bor-a! Karsillashini aytmaysizmi buning!

Oyim yana bir shingil olib, menga uzatdilar:
— Maqsudxoʻja, ma, Qudrat ayanglarnikiga chop. Opogʻoyim keldilar, degin. Aytmabsan, deb yurmasinlar.
— Ayani ovora qilasizmi, Salomxon? Bemalol — yotadigan boʻlib kelganimda chiqarmiz, hozir... — deb xijolatga tushdilar opogʻoyim.

Men, qani chiqmay qoʻya qolsam, deb turibman. Haybat akamni nimaga qamab qoʻyishganiyu Barzanni qanday oʻgʻirlatib yuborishganini shunday bilgim kelyaptiki, bu yerdan bir qadam jilgim yoʻq. Yana, Sultonmurod akam nima deydi? Ishqilib...
— Kennoyim eshitsalar, xafa boʻladilar. Boraqol bolam, diydor gʻanimat! — deb oyim unamadilar. Balki yugurib borib kelsam, ulgurarman, deb zingʻilladim. Daroyi ham xontaxtaning chetida qolaveribdi. Qaytib kelganimda, Sultonmurod akam oʻsha oʻtirgan joyida, bosh silkib: «Xoʻp, opogʻoyi, xoʻp», deb qoʻlini koʻksiga qoʻygancha oʻtirar, ammo chiroyi unaqa ochiq emas edi.
— Ayam bir yoqqa ketgan ekanlar. Machimpamlarga aytib chiqaverdim, — dedim men.
— Endi men qayta qolay, gaplashib yotadigan boʻlib boshqa kelarman. Javob bera qoling, Salomxon,— deb opogʻoyim ketishga chogʻlana boshladilar.

Shu mahal koʻchada otlar kishnab yulqindi. Arava gʻijirlab, borib-keldi. Sultonmurod akam oʻrnidan turayotib, meni shoshirdi.
— Chop tizginni uzib ketmasidan.

Men oʻkday koʻchaga otildim. Chiqsam, aravaga qoʻshilgan aygʻirlar quturib, orqa-oldilariga borib kelishyapti, yosh tolni egib, tizginni uzgudek... Men avval tishlashib-kishnashyapti debman. Koʻchadan biya mingan odam oʻtib boryapti ekan. Tizginni uzib ketsalarmi, koʻrardik tomoshani!
— Dr-r! Tis-e, biya koʻrmaganlar! — deb yuboribman.

Kutilmaganda otliq biyasining boshini yongʻoq tagiga burib, egardan tusha boshladi.

Qoʻrqib ketdim. Unga tegadigan nima gap qila qolibman?

U boʻlsa, jilovni otning boshidan oshirib, menga oʻgirildi. I-i, habashday qora anuv maymunbashara-ku! Koʻk movut kitel-shimini hech chechmaydigan?!

U xunuk ishshaydi:
— Biya koʻrmaganlarmi?.. Obbo sen-ey!

Bu yoqda otlar yulqinishni qoʻymaydi, u yoqda maymunbashara biyasining arqonini yongʻoqning butogʻiga bogʻlayolmay halak. Nima balo, opke aygʻirlaringni, deb qoladimi? Bir kulgim qistaydi.
— Mol egasiga oʻxshamasa, harom oʻladi, deyishardi, rost ekan, — dedi u ishshayib. — Okangning oʻzi qani?

U saltanat qilganday galife shimining changini qoqib, kamarini toʻgʻrilagancha, kela boshladi. Shundagina yoniga nalikchilarnikiga oʻxshagan papkayu nagan taqvolganini koʻrdim. Ichim shuv-v etdi: oʻldi akam! deb oʻyladim. Yo devor oshib qochvordimikan?..
— O-kam? Qaysi okam? — deb gʻudrandim nima deyarimni bilmay.
— Asrandi okang-chi! Qiziq bola ekansan-ku! Oʻzini ovsarlikka solishini koʻring. Voy saniyu, xuvari! — U ta’sirlanib kuldi.

Nazarimda Sultonmurod akamning devor oshib, gumdon boʻlishiga imkon tugʻdirayotgandek, oʻzimni battar goʻllikka soldim.
— Olim akammi?
— Qanaqa Olim akang? — U shunaqa akam borligini eslay olmay, yagʻir movut kepkasini jildirib, boshini qashladi. — Shoshma-shoshma, bu, anuv, xalq dushmani boʻpketgan qarindoshlaring boʻlardi, oʻshaning jinqarchasimi ?

Uning bu gapidan damim ichimga tushib, qoʻrqa-pisa yolgʻonladim:
— Siz adashyapsiz, kimgadir oʻxshatib...
— Ola, xuvari! — U yana boyagiday kuldi. — Xoʻp, qaytda oʻsha qochoq okang?
— Qochoq?
— Ha, menga koʻrinmay yurganidan keyin, nima boʻladi?!
— U hech qanaqa qochoq-pochoqmas, shaharga oʻqishga yuborishgan uni. Melisalikka oʻqib yotibdi.
— Yoʻgʻ-e? Meni juda qoʻrqitvording-ku!..

Shu mahal koʻcha eshigimiz ochilib, ostonada Sultonmurod akam koʻrindi. Movut kepka yalt etib qarab, birdan sergak tortdi. Yuziga nimadir soya tashlab oʻtib, zoʻrma-zoʻraki kulimsiradi.
— E-e, ukaginam Sultonmurodxon, bormisiz, koʻradigan kun ham borakan-ku oʻzingizni?!

Voy yaltoqi-ey! Voy tulki-ey! Hozir dimogʻidan qurt yogʻib turgan odamni koʻring.

U bilagidagi qamchinni salanglatgancha, koʻrishgani qoʻl choʻzib bora boshladi:
— Yoʻqlab borganakansiz, yoʻgʻakanman.

Akam uni koʻrib, ensasi qotdi. Xushlamaygina qoʻlini oldiyu (bevaqt kelgani yoqmaganday) otlariga ovora boʻla boshladi.
— Xizmat, ukam! Necha yilda bir ishingiz tushibdi: qoʻldan kelsa, jonim bilan... — deb maymundek qiyshongladi.

Miyamga birdan bedanavoz amakining gapi tushib, bu odamning bolalikdagi bir qarich dumchasini yaqqol tasavvur qildimu kaftimni ogʻzimga bosdim. E, bu oʻsha odam-ku: Akmal juvonmarg, deb ta’riflaganmidi! Yana nima devdi? Ha, oblochining iti! Hammani zir titratadigan shu odam akamga yaltoqilik qilib keptimi? Balki ayyorlik qilayotgandir?

Akam otini silab tinchlantirarkan, toʻrsayib qaradi:
— Men sizni qaerga chaqirtiruvdim?
— Hoʻv, xezalak, — dedi Sultonmurod akam, — bora olasanmi-yoʻqmi, shuni ayt?
— Menam sen bilan boshqa yerda gaplashaman, qarab tur!
— Shoshma! — dedi akam ovozini birdan ancha pastlatib. — Ikkala qulogʻing bilan eshitib ol! Agar biron yerga gʻing deb borarkansan yoki aytgan joyimga kelmasakansan... Oʻzingdan koʻr! Ayab oʻtirilmaydi. Hozir senga juvob! Ikkinchi qorangni koʻrmay bu yerda. Joʻna!

Akmal oʻris koʻcha oʻrtasida turib-turib, noiloj orqasiga burildi. Biyasi dumini ikki boʻksasiga chilp-chilp urgancha itpashshalarni quvar, bunga sari aravaga qoʻshigʻliq aygʻirlar quloqlarini ding qilib, bezovta pishqirar edilar. Qani, boʻshana qolsalaru gijinglab-oʻynoqlab oʻsha tomonga chopsalar! Lekin men bir narsadan hayronu lolman: shuncha vaqtdan beri Sultonmurod akamning kimligini bilmas ekanman! Akmal oʻrisday odamlar uning oldida pildirab qolsa-ya. Yo tavba! Unda akam oʻzi kim? Oʻgʻriboshimi yo hukumatning kattasi? Hali shunaqa odam biznikida yotib yuribdimi?!

Sultonmurod akam aravani qaytadan qoʻsha boshladi.

Omonat

Opogʻoyim joʻnaydigan boʻldilaru men bitta koʻrpacha opchiqib, taglariga toʻshab bordim. U kishi aravaga chiqib, oyoqlarini uzatib oʻtirib oldilar. Sachvonlari yonlarida, och kulrang sidirgʻa paranjilariga oʻranvolganlar. Koʻzlarini hech bizdan uzmaydilar, uzolmaydilar:
— Oʻzlaringam boringlar, bunday, otalaringiz yurtiga. Arvohlarni shod etib.
— Yloy, yaxshi kunlarda koʻrishayluk, — deb oyim aravaning yonidan borib, quchoqlab xayrlasha boshladilar.

Yuzlari salga yorishib ketadigan opogʻoyim koʻzlari yoshlanib, bizni koʻksilariga bosarkanlar, ichkaridan Sultonmurod akam chiqib keldi.

Kamgap. Aftidan xayoli joyidamas. Axiyri, u otlarni toldan yechib, aravaning boshini yoʻlga burarkan, meni imladi. Yugurgilab bordim. Soat choʻntagidan buklogʻliq bir qogʻoz oldi.
— Mana shu... senda tursin, soʻraganimda berasan, xoʻpmi? — dedi.
— Omonatmi? — deya oldimu qoʻynimga tiqdim.

U jilmaydi va suyib qoʻyib, soʻngra oyimlarga qaradi:
— Duo qiling, biz borayluk. Oyim qoʻllarini ochdilar:
— Kushoyish berguvchi Ilohim mushkullaringizni oʻzi oson etsin, xonadonlarimizdan xotirjamlikni aritmasin, yaxshi boringlar.
— Iloho omin, — dedilar opogʻoyim koʻzlari yana yeshlana boshlab.

Arava jildi. Akam oyogʻini gʻildirak ustidan oshirib, oʻtirib olgan edi. Beixtiyor ergashdim:
— Men ham borishib kelay?

Akam eshitmadi, opogʻoyim, «chiq, chiqaqol», dedilar. Ammo oyim jim edilar. Bunga sari bir sogʻinch ichimni oʻrtab, kuydiryaptiki... Otlar jadallab, arava shaldiradi. Men chopdim. Ruxsat tegmagan boʻlsada, aravaning bir yonini ushlab olganman. Oʻzimga qolsa, osilib chiqib olgim, biz tashlab kelgan joylarni bir koʻrib kelgim bor. Opogʻoyim kelib, oʻsha joylar hidini tuydimmi, ichimda bir sogʻinch qoʻzgʻolib qoldi. Gʻir-gʻir shabadalar makoni — u tolzor koʻchamizu chetlarini baland safsar gullar oʻrab yotgan hovuz boʻylari, biz berkinmachoq oʻynab charchamaydigan u yongʻoqzoru oʻrikzor bogʻlar koʻz oldimdan oʻtib... orqaga — ilinj-la, oyimlarga alanglayman, qani javob bera qolsalar... Akamga maza. Jilla qursa, oʻzlarining xaroba qoʻrgʻonlarini koʻrib, aylanib keladi, hovurini yozadi. Bizning uylar qanaqa xarobaga aylanib qoldi ekan? Koʻrganlar bu kimning qoʻrgʻoni edi, deb soʻrasa, nima javob qilishayotgan ekan? Umuman, u yoqdarga — Yakkabogʻga nima boʻlgan, hamma birin-sirin koʻchib-koʻchib ketib, xarobalarigina qolyapti? Birovlar koʻchirmaga tushib, birovlar yaqinlari qavatiga koʻchib, yana birovlar Sultonmurod akamning otalariday qamalib ketib? Yo Yakkabogʻga shunday duo ketganmi? «Oxirida yolgʻiz bir bogʻ qolsin!», degan?

Ichim achib, Xudoning oʻzi asrasin, deyman-u, hech koʻnglim yozila qolmaydi. Koʻzim ham yoshlanib, achishib kelayotir.

Axiyri arava Sultonbek amakining koʻprigidan doʻpirlab oʻtib, pastga qarab burildiyu men qaytdim. Lekin endilikda bor-yoʻgʻi oʻntacha qoʻrgʻon qolgan Yakkabogʻimizdan — saratonning jivir-jivirlariga koʻ-milib yotgan oʻsha aziz diyordan koʻz uzolmayman. Nazarimda, Barzan oʻgʻirlanib, oʻsha yoqdan bir balolar bosh-lanib kelayotganday. Boʻlmasa, nega Haybat akamni qamab qoʻyishdi? Gumonsirabmi yo topasan debmi? Uchi, kelib, kelib opogʻoyimni Sultonmurod akamning oldiga yuboribdi! Oʻsha biladi, oʻshaning aqli yetadi, deganimi bu? Akam-chi? Nega hech chiroyi ochila qolmayapti? Balki...

Oʻtiribman anhor yoqasidagi doʻngda. Ana, ushgag aravasi Qayumbek amakining pastidagi soyga tushib, bir muddat yoʻq boʻlib ketdi-da, Jimittepa orqasidan chiqib bordi. Uzokdan qoʻsh chigirtka qoʻshilgan mitti aravachaga oʻxshab ketardi. Lekin yuki borday juda sekin jilyapti. Ilgari shunaqa paytlarda akamni koʻrsangiz. Oʻla qolsa otlarini tinch qoʻymasdi hech. Bu shaxtidan Barzanni topib, Haybat akamni qutqarvolishi ham dargumon.

Boʻksamni bir nima chaqib, jonholatda oʻsha yerimni changalladim. Sekin ichdan qoʻlimni yuborsam... chumoliga oʻxshaydi. Yopishib opti, hech ajralay demaydi. Tura, lippamni ochib, koʻylagimni qoqa boshlagan edim, ichimdan bir narsa anhorga uchib tushdi. Qarasam, akamning boyagi omonati oqib boryapti. Anhorning u betidan-bu betiga sakrab, chopdim-ku! Zoʻrgʻa tutib oldim. Silkib tashlab, qatini yozsam, bir chekkasiga nam urib, siyohi yoyilib qopti. Oʻldim! Birov odam deb ishonib bergan edi, rasvosini chiqaribman. Endi unga nima deyman?! Alamimdan yigʻlavoray deb, beixtiyor xatning boshiga koʻz yugurtirdim. Bir-ikki satr oʻqidimu...

Xat Yakkabogʻning Izzasida Parpi bebaxt otib qoʻygan... Oʻgʻridan edi.

«Men oʻsha dardisarman oʻzing izvosh topib, Arpapoyaga yetkazib kelgan, — deb boshlanardi xat, — Rahmat, uka. Tanimagan-bilmagan gʻanimingta shunchalik odamgarchilik qipsan. Kezi kelsa, jigar-jigarga shuncha yaxshilik qilolmaydi. Bir qorindan talashib tushganlar qoʻllay olmaydi shunchalik! Sen qilibsan!

Avvalo, nomimni eshitsalaroq doʻxtirlari oyoqqa qalqadigan joyga yetkazib kepsan. Boshqa joyda oʻlib ketsam, birov bilib-birov bilmasdi. Bu yerda harqalay Turgʻun chochal nomim bor, butun Beshogʻoch daha, u yogʻi Qoratosh, bu yogʻi Xadra taniydi. Meni oyoqqa turgʻazmay kimni turgʻazishsin. Qolavursa, Qoratoshga surishtirib borib, volidai mehribonimizga xabar berib ketibsan. Eshitib koʻp ta’sirlandim!

Men kim edimki, Xudoyim mening ishimni senga tushiribdi, marhamatli odamlarga yoʻliqtiribdi? Axir, sendan boʻlak bir kimsaga roʻpara qilsa ham, it oʻlimida oʻlib ketsam ham, haqi bor edi. Nega asrab qoldi? Panoh beryapti? Ochigʻini aytsam, keyingi vaqtda shunaqa gʻaroyib voqealar boshimdan kechdiki, nimalar boʻlyapganiga ba’zan aqlim bovar qilmaydi. Men nima topshiriq bilan orqangdan ergashib chiqdim-u, oʻzim nima boʻlib qaytdim? Yorugʻ kunda, kuppa-kunduzi seni qanday yoʻqotib qoʻydimu oʻzim oʻsha qoʻrgʻon atrofida gangib-oʻralashib qoldim?

Kaltakni yeb-eb, keyin qutulib ketishim-chi? Qoʻrgʻon egasi, anuv cholning Xizrday yetib kelib, ajratib olishi-chi?

Hammasi tushga oʻxshaydi, bizning akdimiz yetmaydigan bir narsalarga oʻxshab ketadi. Xudoning oʻzi yorlaqadi shekilli, sen mening changalimdan qanday qutulib ketding, men esam koʻrga oʻxshab seni koʻrmay qolavurdim? Oʻzim qazgan chohga oʻzim qulab, qonga belanib yotganimda yana sening yetib kelishing-chi? Qanday tushunish kerak?

Rostini aytsam, bu yoqqa chiqarishmasidan sal burunroq gʻaroyib bir voqea sodir boʻldi. Unga ham haligacha aqlim yetmaydi. Bizni yarim kechada uygʻotib, oʻlim kamerasida yotgan bir mahbusning yoniga kiritib yubordilar. Yarim tun boʻlgach, oʻzing tushunib olaver. Bekorga kiritmaydilar. Bilamiz, hukm ulardan, ijro bizdan.

Kirdik. Eshik sharaqlab berkilib, qadamlar uzoqlashib ketdi hamki, yo tavba, men joyimdan jilolmay, oʻzimga kelolmay turibman. Qotib qolibman.

Qarshimda birov... nega birov boʻlsin, otam rahmatlining oʻzginasi! Qiblaga qarab namoz oʻqib oʻtiribdilar. Boshlarida oʻsha oq toʻr doʻppilari, oq oralagan soqollaridan, kulcha yuzlaridan nur yogʻilyaptiki, qoʻyaverasan. Tagʻinam sal qiya oʻtiribdilar. Bir yuzlariniyu keng yagʻrinlarini koʻrib turibman. (U kishi shunaqa yagʻrindor edilar.) Usha-oʻsha basavlatlar, hech choʻkmabdilar. Unday desam, oʻtganlariga qancha zamon boʻlyapti. Astagʻfirulloh, odam odamga shunchalar oʻxsharkanmi, deb yoqa ushlayman. «Kimni bizga roʻpara qilishyapti? Nahot biz oʻz otamizga oʻxshaganlarni?..» dedimu seskanib ketib, jon holatda sherigimning tirsagidan ushladim.
— Oʻtir, oʻtir ovsar, birov namoz oʻqiyotgan paytda tik turmaydilar.

Qayoqdan bu gap xayolimga keldi, oʻzim bilmayman.

Choʻkdik. Qari mahbus esa, xotirjam namozini oʻqiyapti. Turarkan, egilarkan, sajda qilarkan, shivirlar, har «Allohu akbar» deyishlaridan meni sir bosib, sehrlanib borayotibman. Tavba, ovozlari ham ayni! Otam ham koʻksilaridan chiqarib, shunday chiroyli takbir tushirar edilar... Balki koʻpdan u yoqlarga qaytmaganim, azbaroyi uydagilarni sogʻinganimdan bu odam otam boʻlib koʻrinayotgandir? Ovozlari oʻxshab ketayotgandir?

Bir mahal sherigim hansirab, shipshib qoldi.
— Namozda teginolmasligimizni bilib, oʻtiravuradi shekilli?
— Oʻ-chir! — dedim biqiniga turtib va shu zamoni bir vaqtlar eshitganim Hazrati Alining qotili haqidagi rivoyat yodimga tushib, seskanib ketdim.

Vo darigʻo, bu rivoyatni bolaligimda shu otamiz aytib bergan edilar. Yodimga tushgan mahalini qara!

Hazrati Alining asrab olgan oʻgʻilchalari boʻlgan ekan deb aytib oʻtirar edilar otam. U hech yonlaridan jilmas, hatto namozga turganlarida ham qoʻndoqdek boʻlib qavatlarida oʻtirar ekan.

Ana shu bola bir kuni:

«Ota, ota, sizdan kuchlik kimsa bormi?», deb soʻrabdiymish.

«Yoʻq», debdilar u zot.

«Nega?», debdi bola.

«Xudoyim meni shunday yaratgan. Shohi Mardon nomim bor, bilasan».

«Demak, qilich ham olmaydi sizni?»

«Olmaydi», debdilar Hazrat.

«Nayza ham oʻtmaydi?»

«Oʻtmaydi, bolam».

«Mumday erimaysiz hech?» debdi asrandilari.

«Eriyman ba’zan», debdilar Hazrati Ali.

«Qachon, ayting?»

«Namoz payti, boʻtam. Faqat namozda mumday erib oʻtiraman. Undan boʻlak vaqt ovora boʻladilar...», deb jilmayib qoʻygan ekanlar.

Qaraki, shu voqeadan qancha oʻtib, u kishining dushmanlari xonaqohda pichoqlab ketishga muvaffaq boʻlishibdi. Shunga oʻxshab, biz ham bir moʻminni namozda oʻtirgan kezida pichoqlab, qotil qavmida ketarkanmiz-da? Shu oʻydan, senga yolgʻon, Xudoga chin, moʻylarim tikka boʻlib ketdi!

Xullas, u namozini tugatib qoʻzgʻaldi. Biz salomga shoshildik. Basavlat qariya ekan. Yaqinimizga kelib oʻtirdi. Biz unga tigʻ tugul, qoʻlimizni tekkiza olmadik.

Ertasiga eshitsak, qoʻliga hukm qogʻozini tutqazib, javobini berib yuborishibdi. Haligacha anglab yetolmayman: begunohdan-begunoh kimsa oʻlim xonasiga qanday mahbus boʻlib tushdiyu qanday osongina qutulib ketdi? Shuning orasida bizga otam qiyofasida koʻrinib, lol qolganimiz-chi? Buni birovga qanday tushun-tira olasan? Men-ku oradan yarim-bir oy oʻtib, bu voqeani unutgan ham edim. Ammo keyingi ishlar bundan ham oʻtib tushdi.

Boʻlmasa, jim oʻtlab yurgan ot... miltiq otganini kim koʻrgan? Bir chetda yotgan qirqmani bexos bosib olsa, kifoya ekan-ku, men qay oʻngirdan biqinib otdi, deb sherdek sapchib turib ketibman! Yoʻq, oʻsha Parping gunohkormas! U mening nomimni eshittandayoq, hurmatimni joyiga qoʻyib, otdan tushgan, keyin biz tol soyasida, chimda yonboshlab gaplashib oʻtirgan edik. Falokat ot tuyogʻi ostida ekan.

Hay, nima boʻlsa, peshonadagini koʻrdim. Muhimi, oxiri yaxshi chiqdi. Va men bugun bu yerlardan bosh olib ketmoqdaman. Qolib, aytganim-aytgan, deganim-degan boʻlib, yeganim oldimda, yemaganim orqamda, koʻzir boʻlib yurishim mumkin, lekin oxiri chiroyli chiqmasa, buning nima keragi bor?

Bu dunyo hayoti hammasi bir sinov, bir imtihon shekilli. Toʻgʻri yoʻlni topsa — topdi, topmasa — keyini voy?.. Usha «voy»ga qolmaslik uchun ham bu «doʻstlarim»dan aloqani uzib, qoʻl yetmas yerlarga ketayotirman. Sendan iltijoim, goh-goh onamizni yoʻqlab tur. Oʻgʻlimning shunday doʻstlari bor ekan, deb koʻksilari oʻssin. Xayr.

Darvoqe, yolgʻiz oʻzingga gapim bor edi. Xatga qoʻsholmadim. Har xachir ot sanalmaganidek, har begonadan doʻst chiqmas. Afsus, bizning doʻstligimiz uzoqqa choʻzilmadi. Duolarimizda unutmaylik.

Turgʻun».

* * *

Akam yana bemahal yuradigan, yarim kechalarda qaytadigan odat chiqardi. Qaerlarda tentiraydi — bilmaymiz.

Kecha ham opogʻoyimlarni olib ketganicha yetti xuftonda qaytibdi. Qachon yotib, qachon turib ketgani noma’lum. Tursam, oʻrni yigʻishtirigʻliq. Faqat taxmon adyolini tushirib ketishniyu deraza tokchasida yotgan moxorka xaltachasini olishni unutibdi.

Haybat akamning iltimosini oʻrinlata olmagan shekilli? Shuncha izgʻib, Barzanni topisha olmagan boʻlsa, ish opogʻoyim oʻylaganlaricha oson emaskan-da?

Ammo targʻilimni bedapoyaning pastidagi qoʻriqqa olib tushib, oʻzimiz Izzada (hov oʻsha koʻprik pastidagi Choʻmilishda) baliq boʻlib yotsak, bir mahal Jimittepa orqasidagi yoʻddan aravasini shaldiratib kelib qoldi. Arava koʻprikdan oʻtayotganida Izzaga shuvillab tuproq-kesak toʻkilib, suv yuzida bir narsa sariq ilondek bilonglab kela boshladi. Kim qichqirib qochdi, kim xaxolab kuldi. Haligi tuproq suv yuzida loyqalanib, xuddi sariq ilondek «oqib kelar» edi...

Men oʻzimni qirgʻoqqa ota, akamning orqasidan chopdim. Aravada tik turvolgancha tizginlarni qoʻyvormay «qiv-qiv»lab, «Ha, jonivorlar, oʻzim oynanaylar!» deb qiyqirib kelayotgan akam, nazarimda, koʻprikdan oʻtayotib meni imlagandek, imlab chaqirgandek edi.

Arava katta tepadan oshib oʻtib, yoʻlga chiqqanida, yetib oldim. Akam tizginlarni tortib, otlar sekinlar-sekinlamas menga oʻgirildi:
— Hov, baliqvoy toʻra, yetar shuncha yayraganing! Itbaliqdan shoh chiqmagan. Sigirni opchiqsang, bir yerga oʻtib kelardik. Bahonada oʻynab ham kelasan.

Men jon-jon deyman-ku.
— Hozir... yetvolaman, — dedim oʻynoqlab.
— Mana, bogʻimizdan uzganimiz bor. Quruq kirmaymiz, — deb koʻnmadi.

Men unga qoyil qoldim. Birovning haqiga teginmaydigan ekan-ku, buni nima deb yurishibdi.

Men uni anuv (kasalxonaga olib borib tashlagan) oshnasini surishtirgani kiradimi desam, aravani katta koʻchaning bir chetidan haydab ketyapti-ketyapti, boradigan yerimizga yetay demaymiz. Qaytaga men koʻchaning u chetidagi temir izdan hali u yoqqa, hali bu yoqqa jingʻillab oʻtayotgan tramvaylarga, uning ichida oynasini tushirib, shamolga yuzini tutib borayotgan (shuning orasi bizning aravaga qoʻshilgan otlarga besh ketib, «uni koʻr-uni koʻr» qilayotgan bolakaylaru) odamlarga anqayib charchamayman. Nima uchundir oldi ochiq oq yaktak kiyib, peshonasini qishloq aravakashlaridek qiyiq bilan tangʻib olgan chapanisifat akamga ham (zoʻ-oʻr otlari borakanmi deb) havaslanib anqayganlar qancha!

Bir mahal doʻqir-doʻqir bilan oʻsha temir izni kesib oʻtib, devorlari oqlangan, serdoʻkoncha bir guzarga chiqib bordik. Bu yerlar allaqanday tanishday, men tushimda bir vaqtlar koʻrganday edim. Tanib ulgurmasimdan, aravamiz qaldirab-shaldirab bir tor koʻchaga kirib bora boshladi. Bu koʻchalar umrida ot-arava koʻrmaganmi, ot tuyoqlari bir ajab taqirlab, tor koʻchaning ichida shunaqa joʻr boʻlib chiqadiki, odamning havasi kelib ketadi. Hali u eshikdan, hali bu eshikdan chiqib, orqamizdan chopgan, anqaygan bolalar qancha!

Axiyri jar yoqasidagi bir maydonchaga chiqib bordik. Sultonmurod akam ot tizginlarini tortib, arava toʻxtar-toʻxtamas, ustidan sakrab tushdi. Va otlarni tislatib, yoʻlagi uzun, darvozaxonasi oddinga chiqarib qurilgan, ikki tarafida qoʻsha-qoʻsha ustunlaru supachalari boʻlgan eshikka yaqin olib bora boshladi.

Men jarga pastlab ketgan yolgʻizoyoq yoʻlni koʻrgandayoq ichim bir jigʻ etdi. Bu yerlarga bir kelganman, shekilli? Hatlab oʻtsa boʻladigan, qoʻngʻiroq-qoʻngʻiroq suv oʻtlari bosib yotgan soydan chiqib, hov anavi tomonga — kinoxonaga borgan emasmizmi? Manavi chekichlanganday eski darvoza ham... Tanidim! Qishda kelganmiz! Rosa sovuq, qora sovuq edi. Yangi yilgachayam qor yogʻmagan, men uchinchidami oʻqiydigan vaqtim, oyimlar bilan kelganmiz. Avval Qoratoshdagi qarindoshlarimiznikiga, keyin ertasiga bu yoqqa chiqqanmiz.

Akam, Sultonmurod akam bularni qaerdan tanirkan?... Yo shaharda turganida... kelib yurganmi? Oʻshaning xotirasi, koʻrgani kelayotibdimi?
— Uzataqol chelaklarni...

Bu orada u otlarni eshikning ustuniga bogʻlab ulguribdi. Aravaning bu yonidan keldi. Avval uzum chelakni, keyin narigisini uzatib, ketidan oʻzim ham sakradim. Akam olma chelakni tutqazdi.
— Ma, koʻtarishib ola qol. Koʻp oʻtirmay qaytamiz,— dedi u.

Aftidan, tezroq qaytsak, muzqaymoqlarga ham ulguramiz, demoqchi. Men esam, tamomi boshqa xayoldaman: Oʻshanda kinolarga optushishgan shaharlik qarindoshlarimiz meni tanisharmikan? Hozir qanaqa boʻlib ketishgan ekan? Qizlari ham bor edi shekilli? Hammadan ham burun anavi oq yuzli, chiroyli xotin — Huri amma-chi? Oyimlarni bagʻrilaridan qoʻyib yubormay: «Voy, kennoyijon, bormisiz, islaringizdan aylanay, boʻylaringizdan oʻrgilay, sizlarni koʻradigan kun ham bor ekan-ku, muncha sochilib ketduk, uzoqlashib ketduk»lab koʻziga yosh olgan qarindoshimiz. Tanirmikan?

Bunga sari Sultonmurod akam jilmayib:
— Yur-yuraver, qisinma. Judayam begona joymas, sen egasini bir koʻrgansan, bilasan, — deydi qulogʻimga shivirlab.

Qorongʻi yoʻlaqda men uning yuzini yaxshi koʻrmayotirman. U ham meni koʻrmayapti shekilli. Koʻrsa, ichimdan nimalar kechayotganini bilardi. Lekin u aytayotgan kim ekan?

Hech qancha yurmay toʻxtadi va yoʻtalib qoʻyib, ovoz berdi:
— Turgʻun aka! Hov, Turgʻunboy aka!

Turgʻuni kim ekan? Ammaning shunday oʻgʻillari bor ekanmi?

Hovlida yuzini toʻsgan ozgʻin ayol qorasi koʻrinib, yoʻqoldi.
— Karima, qaravor, qizim, kimlar kelishibdi? Men gʻishtlari qirrasi bilan tikka qilib, doira shaklida terib chiqilgan zinadan koʻz uzolmay turibman. (Keyin qarasam, yoʻlkalar ham shunaqa musulmon gʻishtdan ekan, faqat azbaroyi zax tepchib ketganidan loy rangiga kirib ketibdi. Bular ham esimga tushdi.)
— Ha, oyijon, nima dediz?

Zina tepasidagi eshik ochilib, ostonada boʻychangina qiz bola koʻrindi-yu, yoʻlakka koʻzi tushib, «voy» deganicha oʻzini ichkari urdi.

Akam miyigʻida kuldi:
— Sen kirib boravur, sendan qochishmaydi.

Men bir qadam bosib, xayollanib qoldim. Kelib yurgan joyim boʻlsa ekanki...

Ammo shu mahal haligi qizcha boshiga bir narsa ilib, zinaga chiqdi, kalishini kiyguncha boʻlmay bizni tanib, chapak urib yubordi:
— Voy, oyi, opoqbuvi! Qarang, kimlar kelishibdi! Adamning oʻrtoqlari! — deya hovlini boshiga koʻtargancha yon tomondagi oynavand ravonga qarab yugurdi. U yerni ham derazasini ochib yuborib, turgan yerida oʻynoqladi: — Bir marta kelishgan edi-ku, oʻshalar!

Qizaloqni... qoʻngʻiroqday ovozidan tanidim. Kulib turadigan yuzi ham lop etib xotiramga keldi. U oʻsha — kinoga borgunimizcha ham bijirlayverib, hammamizni kuldirib tinchimagan qizaloq edi.

Ravondagilar shoshib qolishdi.
— Iy, shunaqami? Xizrni yoʻqlasak boʻlarkan, kecha eslovdig-a. Chaqir-chaqir, bu yoqqa chaqiravur. Hoy, kelinposhsha, qayoqdasiz, joy sola qoling. — Opoqbuvining ovozlari Hidoy xolamlarnikiga oʻxshab yumshoq, quloqqa moydek yoqadigan edi.

Nahot oʻsha amma boʻlsalar?

Nihoyat, oq-oppoq boʻlib, nim zangori (zar uqasiyam bormi-ey) roʻmolda (ikki uchini ikki yelkalaridan oshirib tashlagancha) ravon eshigida ayol kishi koʻrindi. Yangi tuqqan oyday choʻziq yuzlariga koʻzim tushib, ichimda: «Ha, oʻshalar-ku! Huri amma-ku!» deyman-u, ovozim chiqmaydi.
— Voy, boʻylarizga qoqindiq. Kirib kelavurmaysizmi? Sizni koʻrsak, oʻgʻlimizni koʻrganday boʻlamiz-ku! Oʻgʻlimiz kelganday boshimiz osmonlarga yetadi-ku! Oyoqlariz gardi koʻzlarimga toʻtiyo boʻlsin. Kela qoling, oʻrgilay, — deb amma oʻsha yoqdanoq bir qoʻllari tizzalarida, bir qoʻllarini ochib, zinadan tushib kela boshladilar.

Biz chelaklarni chetga qoʻyib, koʻrishgani oshiqdik. Akam salom berib, yelkasini tutib bordi. Men orqadan navbat kutib turibman. Hali menga koʻzlari tushganicha yoʻq. Akamdan ortmay turibdilar. Quchoqlaridan qoʻymay yelkalarini, kuraklarini silaydilar, yengil qoqib alqaydilar.
— Iloy, sizning yengil qadamlaringiz bilan oʻziyam kirib kela qolsin. Kirib kelib, uylarimizni toʻldira qolsin. Ollohimning oʻzi panohidan qoʻymasin, yoʻllarini ochvora qolsin. Sizga oʻxshab, bizning duolarimizni olib yursin. Izzat qilib kelibsiz, roʻy-xotir qilib kelibsiz, sizni Xudo izzatlasin. Ikki dunyo kam qilmasin, — deb turib akamning peshonasidan oʻpib qoʻydilar.

Soʻngra akam bir qadam tisarilgan edi, men oldinga «oʻtib» qoldim. Ammaning yuzlari xiyol xazinlik ila kulib turibdi-yu, ammo qiyiq koʻzlarida jiqqa yosh. Bu yosh ortidan meni tanimayotgan boʻlsalar ham kerak. Iymanib-la turibman, oʻtolmayotirman oldilariga. Ammo amma akamning ortida birov borligini unutmagan ekanlar. Yosh ilinib turgan koʻzlarini uzmayin ham menga quchoq ochib yurdilar:
— Keling, toychoq bola. Akaginasiga qora boʻlib kelgan sizday mehmon boladan oʻzim oʻrgilay. Ot bosmagan joylarga toylar yetgan. Sizni ham yetgulik qilsin oʻsha kunlarga, — deb ifor hidlar taratib bagʻrilariga oldilar.

Soʻzlaridan bol tomadigan, yuzlaridan nur yogʻadigan ammani rostmana tanidim, lekin sezib turibmanki, hali ular taniganlari yoʻq. Bir marta oyim bilan bu xonadonlarga mehmon boʻlib kelganimizni, oʻsha qangʻlilik bolakay men ekanimni eslayolmay turibdilar. U kishigina emas, anavi supurgi-xokandozlarni koʻzdan nariroqqa tashlab kelib, zinadagi kalishlarni toʻgʻrilab bizga yoʻl ochayotgan qizaloq ham tanigani yoʻq edi.

«Keling-keling»lab oʻsha ravonga boshlashdi, tagimizga ikki qavat koʻrpachalar solib, dasturxonlar yoyishdi. Anchadan keyin amma dasturxonning poputini barmoqlari orasida yumaloqlab turib, endi sal boshqacha ohangda qayta-boshdan soʻrashishga tushdilar:
— Aybga buyurmaysiz, oʻgʻlim. Biz sizni tuzuk-quruqroq ham bilmaymiz. Oʻsha birrov koʻrganimiz. Oʻziz yaxshimisiz? U yoqda elu elatlar, yaqinlaringiz, oyiz, padari buzrukvoringiz?..

Akam «rahmat-rahmat»lab, tagidagi koʻrpachani toʻgʻrilashga urindi. Oʻzini sezmaganga solyapti. Mening esa, ichimdan qirindimi, bir narsalar oʻtib boryapti. Demak, amma koʻp narsani bilmaydilar. Bizning Sultonmurod akam bilan qarindoshligimizniyam, keyingi kechgan voqealarni ham...

Lekin amma sezgir ekanlar, shaqirlab qaynab turgan samovar koʻtarib kirgan kelinlariga (boyagi ayol, shekilli) ish buyurib, chalgʻigan boʻldilar-da, birdan akamga:
— Bu kim, opovsi, qosh-koʻzlari biram tanish?.. — deb qoldilar.

Akam miyigʻida jilmaydi:
— Xolavachcham. Bu zoʻr, menga qora boʻlib keldi, opogʻoyi. Boʻyi ham choʻzilib qoldi, shaharni koʻrib qoʻysin dedim.

Men maqtovdan (yoqib turgan boʻlsa ham) uyalib yer suzdim.
— Shunaqami? Istarasi issiq yigitcha boʻlyapti ekan, men kimgadir oʻxshatibman-da, qarichilik qursin, — dedilar u kishi xijolatga tushib.

Mening ichimdan: «Toʻgʻri, adashmayapsiz!» degan gap otilib chiqib ketay deyapti.

Amma non ushatishga alaxsidilar. Akam, ha, senga nima boʻldi, deganday xontaxta tagidan tizzamga turtib qoʻydi. Men shunda oʻzimni bosolmay, uning qulogʻiga:
— Biz bir marta bu yerga kelganmiz. Oyimlar bilan kelganmiz, — deb shivirladim.
— Qanaqasiga? — dedi akam hayron boʻlib.
— Shunday. Oyim opkelganlar. Amma sergak tortdilar:
— Ha, bolam, tortinmay aytavur, oʻz uyingdek bilavur, — deb akamga qaradilar.

U noiloj jilmaydi:
— Bu uyda mehmon boʻlganmiz, deydi.
— Menam aytdim-ku, qosh-koʻzi tanish, deb... Qani, bir yaxshilab esla-chi, — dedilar u kishi.
— Kelganimdayoq eslaganman, — dedim men choʻkkalab olib ham yoyilib ketib. — Oyimlarni taniysiz siz!..

Amma, qoʻllarida bir likopcha ushatilgan kallak qand, yuzimga tikilib qoldilar va yuzlari yorishib-nurlanib kela boshladi. Men ulardan ham oldin aytishga oshiqdim.
— Men Salomxon kennoyining oʻgʻillariman. Oʻsha...
— Voy, oʻsha qangʻlilik Salomxon yangamizni-ya?! Oytoʻraxonlarning qoʻshnisi. Voy, Murjumonlar omonmi, Yakkabogʻlar omonmi? Kel, bolam, qaytadan koʻrishay. Oʻzimizning tomir ekansan-ku. Ulugʻxoʻjaboylar avlodi... — deb oʻtirgan yerlarida ona qaldirgʻochday quchoq ochdilar.

Men turib borib, qarshilariga choʻkkaladim. Iforlaridan toʻyib-toʻyib, evaziga peshonamdan oʻpich berib qaytdim.

U kishi koʻzlari boyagidanam yoshlanib, roʻmollari chetini mijjalariga bosdilar. Akam ham ta’sirlanib ketib choʻkkalab olibdi. Nuqul hayratlanib menga tikiladi. Oʻzi esa:
— Obbo, pakana pari-ey, senda gap koʻp ekan-ku, — deb qoʻyadi.

Haligi men tengi qiz uzum chayib kirdi, olma, noku gulobilardan olib keldi.
— Dalaning ne’matlaridan oʻrgilay. Qarindoshlarimizning bogʻidan ekan-ku. Jannatning isi keladi-ya, jannatning. Yakkabogʻ bogʻlarini koʻrganday boʻldim-a. Buvalarimiz qoʻli tekkan mevalardan ekan-ku! — Ammaning shodliklari boʻlakcha edi. — Olinglar, dasturxonga qaranglar, endi bizniki boʻldi. Olishib oʻtiringlar. Sizlarning qadamingiz bilan bu uylarga ham fayz kirib keldi, olinglar.

Vah, gaplariyam, qistashu iltifotlariyam oyimlarnikiga, xolalarimnikiga oʻxshaydi-ya.

Amma biz tomonlarni ta’riflab charchamaydilar:
— U yoqlarni kim jannatday joylarga aylantiribdi! Hammasi urugʻlarimizniki boʻlgan. Qoratosh shahar hovlilari boʻlsa, u yoqlar dala joylari edi. Hammalari bir palaqdan. Faqat biz katta hovlining chirogʻini yoqib qolganmiz, sal uzilishib ketdik. Qani ilgarigi bordi-keldilar, u oqibatlar?..

Akam xuddi ignaning ustida oʻtirganday, zoʻr berib tizzasini uqalaydi, ammaga tikiladi. Biroq amma oʻz dardlari bilan boʻlib, buni sezmaydilar.
— Turgʻunimning boshiga shu ishlar tushmasa, bunaqa siqilib qolmasmidik. Sizlar bilan uzilishib ketmasmidik. Bir vaqtlardagidek, har bahor, har yoz chiqib yotib kelarmidik. Qanday zamonlarga qoldig-a. Adolat qilaman, deb shuncha yilga kesilib ketdi-ya, bolam boyaqish.
— U kishi... Turgʻun akam tuzalibam kirmadilarmi? — dedi akam birdan hayratlanib.
— Nega, kirdi, — dedilar amma mahzun tortib, — bir kecha yotib ketdi, bolam boyaqish. Bormasa boʻlmas ekan.
— Qayoqqa bormasa? — dedi akam battar hayratlanib.
— Men bilmasam, aylanay. Muddatim tugamagan, meni bu yerda bir kun ham turgʻazmaydilar, dedi.
— Aytdilarmi qayoqqaligini?

Men anqayib qopman. Oʻsha odam... Oʻsha Murjumonda Parpi bebaxt yigitlarining adabini bergan oʻsha chitton, keyin Parpi otib qoʻyib, akam izvoshda shaharga olib ketgan oshnasi shu ammaning oʻgʻillari ekanmi? Qarindoshimiz ekanmi? Uning akamga yozgan xati esimga tushdi. Yo, tovba!.. Bir-birlarini tanimay doʻst chiqib turishsa...
— Aytmadi, — dedilar amma xoʻrsinib ham koʻzlari yoshlanib kelib. — Yoshligidan shunaqa: bir soʻzli, chochol... Adasi rahmatli erkalab, chocholim, derdilar, shundayligicha qoldi.

Yodimga uning qamoqda koʻrgan tushi, tushida otasi boʻlib koʻringan odam bilan kechgan voqealar tushib, qichqirib yuboray deyman. «Amma, siz qoʻrqmang! U kishining asraguvchisi bor! Asraydigani bor!», degim keladi-yu, aytolmayman.

Akam esa, oʻsha-oʻsha, ammaga tikilgancha oʻtiribdi.

Amma ham nimanidir tushunib, asta bosh koʻtarib, uning yuziga andisha ila qaradilar.
— Soʻraganning aybi yoʻq, siz boya bu toychoq-la xolavachchamiz dedingizmi yo men yanglish eshitdimmi?
— Shunday, opogʻoyi, — dedi akam iymanib. — Otamiz Abdurahim eshon pochchani...
— Voy, xudoyim! — Ammaning yuzlari boya biz birinchi koʻrgandagidek (xuddi yangi tuqqan oydek) yorishib ketdi. — Qarichilik qursin! Eshon pochcham qaysi urugʻdan ekanlar, Zumradxon qaysi boʻgʻindan ekan?!
— Yopiray! Hammamiz bir avlod, bir urugʻ deng? — dedi akam ang-tang qolib. — Qanaqasiga sizlar?..
— Boʻlmasa-chi, sizlar hozir qaerda oʻtiribsiz ekan? — dedilar amma ochilib-sochilib va bir yashnab. — Bu joylar oʻsha Ulugʻxoʻja buvangizdan qolgan koʻp tabarruk joylar... — Soʻng iymanib qoʻshib qoʻydilar.— Harqalay men kelin boʻlib tushganimda rahmatli qaynotam, qaynonam «Shu sizlarga omonat gap», deb aytar edilar. Turgʻunim shu uylarda tugʻilgan... Ish-qilib, oʻzi omon-eson qaytsin. Shu tabarruk joylarda tup qoʻyib palak yozsin, ilohim.

Men vassajuft toqili shiftga, uning quchoq yetmas qizgʻish-qoʻngʻir toʻsinlariga tikilar ekanman, boshim bir aylanib ketgandek boʻldiyu yana oʻzimni tutib oldim.

Akamga qarasam, u ham shu koʻyga tushgandek shiftga tikilib qopti. Bir qoʻli bilan xontaxtani mahkam changallab olgan. Bir mahal oʻziga keldi.
— Oʻsha buvalarimiz ruhi-poklari haqqi-hurmati bir kalima Qur'on tilovat qilib yuborsak, — dedi.
— Yaxshi oʻylabsiz, oʻgʻlim. Oʻqing, har qalay siz erkak kishisiz, — dedilar amma.

Men umrimda tuymagan bir halovatni tuyib oʻtirardimu oʻylardim: bu kishining oʻgʻillari Turgʻun chochol ham bilarmikan shu gaplarni?! Biz bir palakdan ekanimizni?

Hukm

Shomdan beri meni yugurtirishadi. Hali, Usmon togʻangni aytib kel, ayang ham birga kelsinlar. Hali, Xabira xolangnikiga oʻtib kel, pochcham ham borsinlar ekan, de. Hali, Hidoy xolangnikidan qaytishda Mubor xolangnikiga kirib oʻt. Borarkansizlar, de.

Shunaqqib, uloqchi Usmon togʻam bilan boshlashib, Qudrat ayam kirib keldilar. Qoʻltiqlaridagi qiyiq-tutunchani dasturxonga toʻkkan edilar, har bittasi boshmaldoqdek oq oʻriklaru zoʻldirday koʻksultonlar, qoʻshaloq-qoʻshaloq qora giloslar xontaxta bilan bitta boʻlib, dumalab ketdi. Koʻzim oʻynab, voy-vu deb yubordim.
— Jannatning isi keladi-ya mevalariyzdan, — dedilar oyim.

Men koʻrpachaning ustiga dumalab tushgan koʻksultonlarni dasturxonga olib qoʻyib, danaklariyu tomir-tomirlarigacha manaman deb koʻrinib turgan shishadek tiniq bittasini tomosha qila boshladim.

Hali ular oʻtirib ulgurishmay, dimogʻimga qovurilgan baliq hidi urildi. Oʻgirilib, hamisha pildirab-shoshib yuradigan Anvar kennoyimlarni koʻrdim. Ular bir lagan qip-qizartib qovurilgan baliq koʻtarib, avliyosifat kenja togʻamni «Yura qoling, boy boʻlgur», deb ergashtirib-qistab kelar edilar. Chuvak-kina togʻam nimalardir deb mingʻirlab qoʻyadilar. Lekin nima deyayotganlarini oʻzlaridan boʻlak kimsa eshitsa, oʻlay agar. Chumoliga ham ozor bermaydigan shu togʻamni armiyaga chaqirib turganmish. U kishi qanaqqib jangga kiradilar, odam oʻldiradilar — aqlim yetmaydi.

Ularning ketidan eng koʻhlik Sapura kennoyim bilan boshlashib, oyimning qarchigʻayday ukalari Islom togʻam koʻrinishdi.
— E-e, hamma jigargoʻshalar jamuljam-ku. Hovli toʻyini oʻtkazvorsangiz ham boʻlarkan, opa, — deb hazillashdilar togʻam. (Shu togʻam bir haftadan keyin urushga joʻnab ketdilar. Keta turib Qoʻldosh togʻamga: «Oka, xayr endi, diydor qiyomatga qoldi. Oʻshanaqasi Makkaga oʻtib ketaman. Bizga hijrat nasib etib turibdi, Xudo xohlasa», deganmishlar. Bu gapni Qoʻldosh togʻam qirq yil ichlariga solib yurib, yaqinda aytdilar.)

Hali oʻrtada bir piyoladan choy aylanmagan edi, bir roʻmol oqachchiq koʻtarib Hidoy xolam, orqalarida Mubor xolam kirib kelishdi. Mubor xolam bir togʻoracha laroyi tugib olibdilar. Yelkamga qoqib, peshonamdan oʻpib koʻrishdilar. Shunaqa paytda oyim koʻpincha: «Bor, oyoqni tagida oʻralashma», deb haydab solardilar. Negaki, shu xolamning «koʻz»lari bor. Mijjalaridagi ajinga oʻxshab ketadigan allaqanday xollari koʻzlarining oʻtkirligidan nishonaday edi. «Xolang yaxshilab kdrasalar, oʻynoqlab borayotgan otni ham yiqitadilar, xdzir boʻlish kerak», deydilar oyim. Qoʻni-qoʻshnilar ham xolamni koʻrdilar deguncha, chaqaloqlarini berki-tib, kelinlarini qochirib yuborishadi. Xolam bu ishlarni sezadilar, lekin zigʻircha xafa boʻlmaydilar, Qoʻldosh togʻamga oʻxshab, sassiz kulib qoʻya qoladilar.

Hidoy xolam esa, ularning tamomi aksilari. Oq-sarikdan ke.lgan yuzlaridan hamisha nur yogʻilib turadi, vujudlaridan qalampirmunchoq hidi anqib, quchoqlariga olganlarida bagʻirlariga singib ketging kelaveradi odam. Bir chiroyli nimchalar, kamzullar tikadilar.

Suv olib, tirsillab turgan daroyidan yegim kelayotgan boʻlsa-da, odob saqlab, tugunchalarni sekin xontaxta ustiga olib borib qoʻydim.

Shunaqqib, bir togʻoracha chillaki uzum koʻtarib, Nusrat pochcha bilan boshlashib Oyposhsha xolam kirib keldilar. Shunaqqib, bir peshonabogʻ qizil taram olma koʻtarib, Habira xolam koʻrindilar. Qarindoshlarning gangur-gungurlari toza qiziganda, Norxoʻja pochcha bilan Joʻra xolam yetib kelishdi.
— Ie, savzi qani, savzitaxtalar qani, Nusratxoʻja? — dedilar Norxoʻja pochcha dabdurustdan.
— Savzi nimasi? — dedilar kenja togʻam gapga tushunmay. — Dasturxon toʻla ne’mat, yana nima kam sizga, pochcha?!
— Ha, biz kichkina Mahmudxoʻjaning chil-chil hassa toʻyi oldidan maslahat oshi bor deb eshitdik-ku, — dedilar u kishi.

Men koʻzlarim olazarak boʻlib, atrofga alangladim: «Bu yigʻin hali shunga ekanmi? Toʻyim allaqachon oʻtgan, usta kesgan joyi bilinmay ham ketgan-ku».
— Hov, pochcha, adashyapsiz. Buni dumalatib olganimizga, vallohi a’lam, necha yil boʻvotti-ku, — dedilar kulib Nusrat pochcha.
— He-yoʻq, aniq esimda. Yolgʻondakam dumalatib olingan bu, Usta kelmay qolgan... shunday boʻlganmi? — Norxoʻja pochcha azza-bazza oyimga qarab oʻgirildilar.— Salomxon, ayting bularga: usta kelmay qolgan-a?

Uyalganimdan qip-qizarib ketdim, shekilli, quloqlarimning tagigacha lovullab yona boshladi. Goʻyoki zarda qilib, hovliga qarab yurdim.
— Hazilingiz bor boʻlsin. Yigit boʻp qoldi-ku. Yaqinda uylantiradi-ku Salomxon buni, — deya koyib berdilar xolam kaftlariga yoʻtala-yoʻtala. (Shu xolam oʻsha vaqtda kasalvand edilar. Oradan ellik yil oʻtdi. Shu oʻrtada shunday quvnoq Norxoʻja pochcha, qoʻsha-qoʻsha kelinlar, qarchigʻayday bir oʻgʻillari oʻtib ketdilar. Lekin xolam umrlari uzun ekan, karavotda yota-yota kichkina tortib, mushtdek boʻlib qolsalar ham, koʻzlari koʻrmay, yurolmay qolsalar ham, namozlariyu toat-ibodatlarini kanda qilmay, Xudo bergan dardlariga sabr qilib, jannati boʻlib, yaqindagina oʻtdilar. olloh yarlaqagan boʻlsin.)
— Unda kuyov oshining maslahati denglar? — deya qiziqchilikni qoʻymasdilar u kishi.
— Yoʻq, pochcha, boshqa maslahat bor, Qoʻldoshxoʻjani kutyapmiz, keling, oʻtiring, bu yoqqa oʻting. — U kishiga toʻrdan joy koʻrsatib, meni hazil-huzullaridan qutqarishdi. Duodan soʻng yana meni eslab, izlab qolishdi:
— Aytmoqchi, darakchimiz qani? Xabar olsa boʻlarmidi togʻasidan...
— Hoy Maqsudxoʻja, chiqib kelasanmi?
— Yugur, yana bir xabar olchi.

Men yana ikki xonadon nariga zingʻilladim.

Qaytib kelsam, Nusratilla pochcha kaftlaridagi piyolani asta aylantirgancha, ichidagi choydan koʻz uzmayin, amri ma’rufga tushib ketibdilar. Mehmonlar bir supa boʻlib, qoʻr toʻkib oʻtirishibdi. Buvamizdan qolgan uzun, serbar xontaxtaning oʻrtasida toʻnkarigʻlik kosa, kosaning ustida qirqinchi chiroq, atrofida yozning oldi mevalari. Sapura kennoyimning yonlarida samovar jigʻillab «ashula»sini aytib yotibdi. Pochcha esa, toʻrda, chiroyli kuzalgan soqollariyu yapasqi oq yuzlaridan nur yogʻilib, soʻzlayaptilar. Sekin kelib, rayhon ariq yoqasiga choʻka qoldim.
— ... ana shu jannat xalq etilgach, Jabroyil alayhissalom uni tomosha etib aylanib yursalar, bir vaqt koʻshkdan bir hur tushib, u zotga koʻrinish beribdi. Jabroyil alayhissalomning hamma koʻrganlariyam bir boʻptiyu bunisiyam bir boʻpti. Yo Boriyyu yo Musavvir, deb Ollohga tasannoyu hamd aytibdilar. Keyin u hur bu zotga qiyo boqib, tabassum qilgan ekan, tishining oqligidan butun jannat ravshan tortib ketibdi. Jabroyil alayhissalom bu ravshanlikni Olloh taoloning nuridan gumon qilib, behush yiqilibdilar. Shunda ustlariga boyagi hur kelib:

«Yo Aminulloh, boshingizni koʻtaring», debdi asta.

Jabroyil alayhissalom koʻzlarini ochib, qarabdilar-da:

«Subhonolloh!» debdilar yana chiroyidan lol qolib.

«Ye Jabroyil, mening kim uchun xalq qilinganimni bilmaysizmi?», debdi hur.

«Bilmayman», debdilar Jabroyil alayhissalom.

«Yo Jabroyil, Ulugʻ Tangri meni oʻz nafsining xohishidan Ollohning roziligini afzal koʻrguvchi bandasi uchun yaratgan», debdi u.

«Subhonolloh! Ollohim suygan bandasiga shunday ajru mukofotlar atab qoʻygan ekanmi?!», debdilar Jabroyil alayhissalom...
— Voo, uni qarang-a! Uni koʻring-a! — deb yubordilar Islom togʻam ta’sirlanib. U kishi bunaqa paytda qoʻllarini bir gʻalati sermab, qosh kergancha qotib qolar va yuzlariga asta kulgi yoyila borar edi. Ta’sirlangan u kishi, lekin Sapura kennoyim lavlagidek qizarib, yer suzib qoldilar. Hammalari kulishib, chek-ka-chekkadan hazil-mutoyibalar yogʻildi:
— Boʻlsa, Sapura kelinimizcha bordir-da, oʻsha hur, Islomxoʻja?
— Pochcha, oshirvormadiyizmi mabodo?
— Ha, darvoqe, darvoqe, — deb oʻzlariga kelib, uyalinqirab kuldilar Islom togʻam.
— Sultonmurodxon ham oʻshandaqa kashmirisiga yoʻliqmadimikan ishqilib? — dedilar chiston qilib Anvar kennoyi.
— Boʻlsa bordir, boʻlsa bordir, — dedi kimdir.
— Asolni kelini shunaqa ta’rifi ekanmi? Salomxon, sen oʻrtada turganmiding? — dedilar Joʻra xolam.
— Angishvonaga solib yutib yuboradigan boʻlmasayam, koʻhlikkina edi, — dedilar Hidoy xolam tasdiqlab. — Buvisi Xudoyorxonga kanizmi-manizmi oʻtgan ekan-ku.
— Oʻzi emas, taqdiri koʻhlik boʻlsin. Ana, Bahriddingina bilan unashib nima boʻldi, — dedilar oyim.— Uyam chiroyiga uchib, opamni qoʻyarda-qoʻymay, shuni olsam ham olaman, olmasam ham olaman, deb kuydirgan edi. Oʻzi bunaqa boʻp ketadi deb kim oʻylabdi?
— Chiroyini maqtab yotibmiz, shumqadamroq ekanmi, nima balo? — dedilar Anvar kennoyim bidirlab.
— Sen nimani bila qolding, taqdir deydilar buni, — deb urishib tashladilar kenja togʻam.
— Xoʻp, boy boʻlgur, xoʻp, — deb zoʻrgʻa qutuldilar kennoyim.

Nusratilla pochcha pishillab, ogʻir qoʻzgʻaldilar:
— Hoy, shu xil gaplarni qoʻyinglar, boʻladiganiga koʻchinglar. Maqsudxoʻja qani, chiqib keldimi? Qoʻldoshxoʻjadan darak bormikan?

Men oʻtirgan yerimdan turib yuzlandim.
— Togʻam qaytmabdilar. Kennoyim eshikka qarab oʻtiribdilar.
— Unaqa kech qolmasdilar-ku, mulla akam. — Sapura kennoyim xavotirlanib, Islom togʻamga qarab qoʻydilar.
— Oyibam boyaqish kuyib ketdilar, desangiz-chi,— deya qoʻshildilar Anvar kennoyi.

Endi Habira xolam jerkib berdilar:
— Eldan burun vahma koʻtarmanglar. Bilasizlarmi, qaerga qatnab ishlaydi — naq Chalaga borib keladi har kuni. Hazilakam joymi?
— Ishqilib, tinchlik boʻlsin, — dedilar Qudrat aya. Nusratilla pochcha yengil yoʻtalib, tomoq qirdilar:
— Hoy, vallohi a’lam, Qoʻldoshxoʻjasiz bitmaydimi shu ishingiz?
— Boshqa vaqtda tiq etsa, chopib borovuz, usiz hech narsani hal qilmayvuz. Endi kutmaysizmi? Qoʻying,— Oyposhsha xolam shasha doka roʻmollarini qayta oʻrab, pochchadan nariroq surilib oldilar. Bu ishlari u kishining qizishganlarini koʻrsatardi.

Usmon togʻam ulokda lat yegan tizzalarini siladilar.
— Rostdanam, Nusratxoʻja, shar'iy tomoni qanday boʻladi? Bahriddinga aza ochilsa, boʻlak gap edi, ochilmagan-ku?
— Asol opamning yuzlari-chi, qanday oʻtib sovchi yoʻllayvuz?

Men sergak tortdim. Bir alam qaynab keldi: Ie, bu yigʻin, bu mashmashalar shungamidi hali? Shumqadamga chiqarib-chiqarib, yana sovchi yoʻllashmoqchimi?

Pochcha yuzlari aralash soqollarini siladilar:
— Men u betavfiqning yonini olmoqchi emasman, lekin bu yerda mone boʻladigan hech narsa yoʻq.

Hayron qoldim: kim betavfiq? Sultonmurod akammi? Shunchalik elga doston boʻlib ketishibdimi?
— Erta-birisi kun Bahriddinning daragi chiqsa, nima degan odam boʻlovuz, — dedilar kenja togʻam mingʻirlab. — Nozuv ishga bosh qoʻshyapsiz, pochcha.
— E, nozuvmi-yoʻqmi, sen shoshma, — deb kesdilar Habira xolam, keyin pochchaga yuzlanib, dedilar: — Tushuntiribroq ayting, pochcha. Idda muddatiyam oʻtib ketgan, devotsizmi?

Pochcha miyigʻlarida jilmayib, bosh chayqadilar:
— Undaymas. Aza ochilganida, idda lozim edi. Hozir shunday holki, qiz nikohlangani bilan, nima desam boʻladi, na goʻshangaga birga kira oldi, na bir yostiqqa bosh qoʻyib ulgurdi. Bunday paytda shariat ma’lum vaqtdan keyin tomonlarning rizoligi bilan qizning boshini ochib qoʻyadi.
— Asol opam ikki dunyoda rozi boʻlmaslar. Qayoqdagi gapni gapirasiz? — Oyposhsha xolam yana boyagiday qizishdilar.
— Senam qiziqsan, Sanobar. — Pochcha ilkis qarab, xontaxtaga sekin mushtladilar. — Koʻchini olib ketishganda indamagan odam, endi nima derdilar?
— Hecham-da. Opam oʻshanda indamaganlari bilan ichlaridan kuyib yotibdilar, siz qaydan bilasiz?
— Bilmasam... bilmasam, borib soʻrarmiz. Oldilaridan oʻtarmiz.
— Oʻting-da, innaykeyin gapiring. — Xolam yana yuzlarini burib oldilar.
— Hay, sanga bir narsa boʻlganmi? — Pochcha juda jahllari chiqqanda yengil kuladigan odatlari bor edi, hozir shunday kulib qaradilar. — Menam esimni yeb qoʻymagandurman.

Xolam mushtlarini xontaxtaning chetiga bosib, shart qoʻydilar:
— Boʻlmasa, siz shu ishga bosh qoʻshmang, tamom-vassalom!

Bunga sari pochcha pishillab-xaxolab, yayrab-yayrab kuldilar:
— Shu xolosmi, shu xolosmi? — Soʻng mijjalarini arta-arta: — Voy Sanobar tushmagur-e, voy onasi tushmagur-e, — deya oldilaridagi sovub qolgan choyni hoʻplab, xontaxtaga bagʻrilarini berdilar. — Xoʻ-oʻsh, sizlaram shu tarafmisizlar, shuning yonini olasizlarmi? Aytaveringlar ochiq, — dedilar boshqalarga.

Kim koʻzini chetga oldi, kim nima deyarini bilmay andishada javdiradi. Faqat Qudrat aya oʻsha-oʻsha hurpayibgina oʻtirar edilar, avzoylari oʻzgarmay:
— Toʻgʻri, Sultonmurod ham begona emas, oʻz jigarimiz, — dedilar sekin. — Lekin Bahriddin boyaqishning daragi chiqmay turib, uning nikohidagi narsaga oʻzimiz sovchi yuborishimiz... elning oldida yaxshimas. — Ayam pochchaga yarim oʻgirildilar. — Siz, Nusratxoʻja, koʻp kitob koʻrgan odamsiz. Yaxshilab bir surishtiring-chi, bu muallaqa ayollar qatoriga tushib qolmaganmi ishqilib?..
— Yoʻgʻ-e, kennoyi, unaqamasdir, tushmas u toifaga.
— Har qalay, surishtirgan yaxshi-da. Hozir beva boʻlib bevamas, taloq qilinib taloq qilinganmas.
— Ha, oʻsha muallaqaning oʻzi! Sultonmurodingiz ham qiziq. Shundan boshqa qiz qurib qolganmi?! — Oyposhsha xolam hamon rozi boʻlolmas edilar.

Pochcha yana kulib yubordilar:
— Oʻzing kelin qilib tushirvotganday sakraysan-a, Sanobar. Bolaning koʻngliga ham qaraylik-da. Qolaversa, Bahriddin bilan bir kungina umr qilgan boʻlsayam, mayli ekan... shu tavqi la’natlarni peshona-siga yopishtirsak. E, barakalla, e, barakalla.
— Shuni ayting, pochcha. Boyaqishda nima gunoh? — dedilar bir chekkada qisinib, choy quyib oʻtirgan Poshsha opam.
— Uyidagilar ham, tengi chiqsa, uzatvoradigan holatda emish, — dedilar Sapura kennoyim oʻchoqboshidan kela turib.
— Oʻlsin, olov yoqmay, atay shunday gap tarqatgan! — deb qoʻl siltadilar Habira xolam.
— Hamonki Sultonmurodning koʻngli borakan, olib beravurish kerak, qoʻynidan toʻkilsa qoʻnjiga qabilida. Asolga tushuntirarmiz. — Hidoy xolamning bu gaplari olovga moy quygan bilan baravar boʻldi. Xolalarim har chekkadan bobillab berishdi.
— Xudodan qoʻrqing, opa.
— Bahriddinni oʻldiga chiqarib-a?
— Asol opamni tiriklay goʻrga tiqamiz-ku.
— Hay-hay, baraka topkurlar, bu maslahat-ku, buncha jonlaringiz chiqmasa?! — Usmon togʻam xontaxtani tapillatib, xolalarimni insofga chaqirdilar. Lekin ular qaynab turgan doshqozonday vaqirlab, gaplaridan qolishmas edi.
— Bahriddinginaning daragi chiqmaguncha, u xonadonga borishni oʻylamanglaram. Kutsa, ana, olarmiz, qayta kelin qilib. Kutmasa, oʻzi biladi. Ikkinchi och-maganimiz boʻlsin eshigini...
— E, afsus, afsus. — Pochcha tizzalarini uqalay-uqalay oʻrnilaridan tura boshladilar. Buni koʻrib oyim pgoshib qoldilar:
— Hoy, pochcha, oshni damlab qoʻyibmiz. Qayoqqa turyapsiz?

Pochcha indamay supadan tushdilar. Kavushlarini topib kiygachgina:
— Men xuftonni oʻqib, oʻzimga kelib olmasam, boʻlmaydi, kallam qaynab ketdi, — deya hazilga burdilar-da, obdastani koʻtarib nari yurdilar.
— Namozni oʻqib olovraylik boʻlmasa, — deya boshqalar ham birin-sirin tura boshlashdi. Hech kim endi boyagi gapdan ogʻiz ochmay qoʻya qoldi.

Ana xolos! Shoʻrlik Margʻu kennoyim! Agar ikkinchi eshigini ochib borishmaydigan boʻlsa, akam nima qilib yoʻllarini poylab yuribdi, kimning qizi bu ohu, deb mendan surishtirib soʻrayotibdi? U-chi, uning oʻzi-chi? Nima qilib qizil taram olmalaridan ilinib yuribdi akamga? Nima qilib Izzalarda kuttirib, aravalariga chiqib yuribdi agar bu uylarga kelin boʻlib kelolmasa? Xolamgilar qoʻyishmasa?

Turib-turib ungayam, Sultonmurod akamgayam achinib ketdim. Xoʻrligim kelib, hovlidan chiqib borarkanman, hech kim topolmaydigan kimsasiz bir joylarga ketib qolgim, ikkalasini qidirib topgim, hamma-hammasini birma-bir aytib bergim kelaverar edi.

Tavba. Kechagina uni Sultonmurod akamdan qizgʻonib yurmabmi edim, nega endi bugun xolalarimning hukmidan noroziman?

Osmonga Bogʻobod tomondan bir gʻalati kemtikkina oy chiqibdi. Xuddi odamning yuziga qaray olmay mungʻayib turgan kelinchakday...

Bu savdolar nima bilan tugarkin — hech aqlim yetmasdi.

Soʻroq

Oppoq oydin. Hammayoq — daraxtlaru dalalar koʻz yetguncha bari sutdek nurga choʻmgan. Faqat anhor boʻyidagi azim yongʻoqlarning soyasi koʻchani yarmigacha egallab, hov Qoʻldosh togʻamning burilishigacha choʻzilib borgan. Anhor ham shu soyada chilpillab oqib yotibdi . Goh-goh joylarida oyning bir boʻlagi elakka solib, oqizib qoʻyilganday... suv tagida lipillaydi nuqul.

Men anhor boʻyidagi doʻngga chiqib oʻtirganimcha oʻtiribman. Suv chilpillaydi, Hakimbek amakining nokzorida har zamonda mushtdek bir narsa xunuk sayrab oʻchib oʻtib qoladi, chirildoqlar chirillaydi — shularni demasa, atrof sokin.

Hovlida ham jimjitlik. Aftidan, togʻalarimu xolalarim (xolalarim opamlarnikida, togʻayu pochchalar biznikida, Nusrat pochcha imomlikka oʻtib) haliyam xufton namozini oʻqishyapti. Osh suzilsa, gangur-gungur bilan supaga chorlab qolishardi.

Shu tob hov narida anhordan bir narsa lip etib oʻtdiyu koʻcha yoqalab shu tomonga shipillavolib kela boshladi. Uning nimaligini dabdurustdan farklab boʻlmasdi. Hamon shipillagancha, shu tomonga yugurgilab kelyapti. Yuragim shuvillab, oʻtirgan yerimda paypaslanib, kesakmi, bir narsa izlab qoldim. Ammo boyagi qora oʻn qadamlarcha beriga kelganda tikkayib, koʻchani kesib oʻta boshladi va eshigimizga burilgan joyda yoruqqa chiqib, ingichka soyasi yerga uzala tushdiyu yengil tortdim. U oʻzim tengi bola edi, lekin na yuzini koʻrib, na oʻzini tusmollab boʻlardi. Kim ekan? Oʻrnimdan turishim bilan koʻzi menga tushib, qayrildi.
— Maqsud, oʻzingmisan?

Ovozidan tanidim, Soli ekan. Halloslab oldimga kela boshladi.
— Namuncha yov quvlaganday yugurmasang? Tinchlikmi?
— Jur tez! — U tortqilab shoshirdi. — Antiqa soʻroq boʻlyapti. Chopdik! — Keyin orqa-oldiga qaramay, kelgan yoʻliga burildi.
— Hov, shoshmasang-chi! Qayoqqa? Qanaqa soʻroq?
— Jur degandan keyin juraver. Bunaqasi tushinggayam kirmagan. Boʻl. — U anhordan bir hatlashda sakrab oʻtib, chopib ketdi.

Qorama-qora yugurdim, ammo qani u chittonga yetib ololsam. Qayumbek amakining oʻqarigʻi bilan pastlab boryapmiz. Tepadan oshib, katta tolning tagiga yetganda chapga — Siddiq arrakashning bogʻi tomonga burildi. Bogʻni ichidan kesib oʻtib, ishkom oralab hallosladik. Ishkom tagi goh nimqorongʻi, goh olachalpoq edi. Tizza boʻyi oʻtlar oyoqqa urilib, shuvullaydi. Ba’zan uzum boshlari peshonamga, boshimga urilib, silkingancha qolaveradi. Yugurgilashib borishimizdan bilmagan odam oʻgʻri deb gumon qilishiyam mumkin edi.

Axiyri sabrim chidamadi:
— Hov, oʻpka! Qayoqqa boshlayapsan oʻzi, aytasanmi-yoʻqmi?

U sal sekinlab:
— Oz qoldi, hozir yetamiz, — dediyu yana chopqilladi.

Vaqt allamahal boʻlib ketgan. Shu paytda kim kimni soʻroq qilarkan, dodini berarkan?

Biz Izza yoqalab, oydinda ilonning poʻstidek oqarishib yotgan soʻqmoqdan tegirmon tomonga yugurgilashib ketyapmizu butun soylikni, Izza boʻylarini chirildoqlar ovozi tutib ketibdi, biri olib, biri qoʻyib chirillab yotibdi. Xuddi har bitta oʻt, har bitta chim tagiga chirildoq kirib olganday. Oy botmaguncha bu hol davom etadiganday.

Ikkita qoʻriqni oshib oʻtishimiz bilan oppoq oydinda yolgʻiz oʻzi qorayib, eski tegirmon koʻrindi. U bir vaqtlar — biz tugʻilmasimizdan ancha burun, yassi tepaning bagʻriga qurilgancha, keyin Izzani teparoqdan toʻsib, unga suv keltirishadi. Oʻshanda ekilgan tollar hozir tegirmonboshini qayragʻochday tutib ketgan edi. Tangadek oftob tushmaydigan shu joyga biz mollarimizni bogʻlab, qoq peshinlarda choʻmilganimiz-choʻmilgan. Hozir tollar uchi xuddi birov ustiga oq jujun mato tashlaganday yarqirar, tegirmon esa, shu tollarning soyasida qolib, kichkina tortib ketgan edi.

Bu tashlandiq makonda kim boʻlishi mumkin? Eshik-derazasiga taxta qoqib tashlangan bu joyga biz hatto kunduz kunlari oralashga ham hayiqar edik. Ogʻizni qiyshaytirib qoʻyadigan jinlardan kim qoʻrqmaydi deysiz? Bemahalda hatto kattalar ham bu tegirmonni chetlab oʻtishadi. Bizni choʻchitibmi yoki rostdanmi, bu tollarning yonidan yolgʻiz oʻtma, soyasida yotma, deb tayinlashgani-tayinlashgan. Hozir qanday mard yurak yutib u yerga kiribdi ekan?

Yaqinlab bordik. Chindanam tegirmon ichida birov borga oʻxshar, taxta qoqib tashlangan darchasidan yerga ojiz nur tushib turar edi. Shivirlab, Solidan ijikilay boshladim:
— Kim bularing? Yo qaroqchilarmi?

U qadamini sekinlatib, bosh chayqadi. Uzoq chopganidan, nuqul hansiraydi, bir narsa deyolmaydi. Unga sari mening sabrim chidamasdi.
— Oblochilarmi yo?.. — dedim yutoqib. Rost-da, urushga borishdan qochib yurganlarni tutib olgan boʻlishsa, shu yerdayoq soʻroqqa tortishdimikan?

Hovliqmasang koʻrasan, deganday Soli qoʻl siltab yuraverdi va saldan keyin oʻzi qulogʻimga engashib, shipshidi:
— Orqadan oʻtib, ichkariga kiramiz.

Men undan bir qadam orqada soyama-soya ergashib boryapman. Engashsa, engashaman, tepaga tirmashsa, men ham tirmashaman. Nihoyat, nov tepasiga chiqib, alanglab turib qoldi. U yerdan tomga osongina chiqish mumkin boʻlsa-da, ichkariga kirishning hech iloji yoʻq edi. Na tuynuk, na tirqish bor. Faqat nov ichi qorayib turibdi. Pastda esa Izza shovullaydi.
— Sen qimirlama shoʻttan, — dedi u axiyri qulogʻimga shivirlab, — Oʻzim chaqiraman...

Shunday deya novga uzala tushib, pastga sirgʻalib kirib keta boshladi. Ichkaridan boʻgʻiq soʻkinish bilan arqonningmi, kamarningmi, balki qamchindir, shilt-shilt etgan tovushi keladi. Ora-chora bir ovoz:
— Vahshiylar, shoshmay turlaring senlar! — deb baqirib qoʻyadi. Yanib soʻkingani sari qattiqroq kaltak yeb, ingraydi.

Soli esa, novdan kirib ketganicha, daragi yoʻq. Hov pastda, balki Choʻmilishdagi katta tepadadir, chiyaboʻrilar uvlab, odamning yuragiga battar vahm soladi. Ovozi ba’zan uzokdan, ba’zan yaqindan eshitilib, ular hozir yopirilib keladiganday, novdan ichkari kirib ketgim keladi. Kemtik oy ancha havolab, tollar soyasi oʻzining tagiga tortilib borar, tegirmonning bir chek-kasi soyadan chiqay-chiqay deb turar edi. Shu mahal pastdan Solining boshi qorayib koʻrindi: u novda yotgancha qoʻl silkib chaqirardi:
— Tush, tusha qolsang-chi!

Yuragim qinidan chiqquday boʻlib dukurlaydiyu hadeganda novga uzala tusha olmayman. Nihoyat, tirsaklarim shilina-shilina, novning ikki yonini qoʻyib gobormay, asta sirgʻala ketdim.

Tegirmonning tagiga bir alpozda tushib bordik. Osilib, tortqilashib tosh ustiga ham chiqdik. Undan tegirmonning doʻli yoni bilan bir amallab, jon hovuchlab don toʻkiladigan joyga oʻtib oldik. Pastga qarasam, voy-voʻ!.. pastda, toʻsinga osigʻliq fonus chiroq yorugʻida, orqasiga bahaybat soya ilashgan odamlar koʻrinadi! Hammalari boʻlib toʻrt kishi-ku, oʻrtadagi bukri ustunga bir tepakal odamni arqon bilan chandib qoʻyishibdi! Boshi fonus yorugʻida xuddi chirmandaga tortilgan echki terisiday yaltiraydi. Yoqavayron. Bosh kiyimi (Ie, anuv movut kepka-ku, Akmal oʻris-ku!) oyogʻining tagida tegirmon gardiga qorishib yotibdi. Bu yoqda uch kishi... Bittasi Ahmad choʻloq oʻzi uchun qoqishtirib-yasagan qiyshiq kursida oyogʻini chalishtirib, chekib oʻtiribdi. (Qaerdadir koʻrgandayman bu oq kepkalini.) Boshqasi ustunga suyangancha tek qotgan. Yana biri qoʻlida toʻqali qayish kamar, Akmal oʻrisning roʻparasida turibdi. U chiroqqa orqa oʻgirib turganidan yuzini koʻrib boʻlmaydi. Lekin yelkalari keng-keng, qoʻllari uzun-uzun, boʻyi shiftga yetgudek, negadir juda tanish...

Ana, u Akmal oʻrisga yaqin borib, qayishli qoʻli bilan dahanidan koʻtardi:
— Koʻzimga qarab ayt: uni qayoqqa gum qilgansanlar?!

Yo tavba! Sultonmurod akam-ku, oʻsha-ku! Shu yerni aytgan ekan-da, sen bilan alohida gaplashaman deb?

U dona-dona qilib soʻrar, toʻgʻrisini aytmasa, koʻradiganini koʻrsatishi shundoq anglashilib turar edi:
— Askarga joʻnatgan boʻlsalaring, unisini ayt, joʻnatmagan boʻlsalaring, bunisini! Yo surishtiradigani yoʻq deb oʻylovdilaringmi?.. Senga aytyapman!

Jahldanam Xudo bergan ekan. Jazavaga tushib bir baqirsa, Soli ikkimiz sakrab tushibmiz. Akmal oʻris esa, bir ingrab gʻujanak boʻldi-qoldi. Yo dahaniga musht tushirdi, yo tizzasi bilan butiga tepib, nafasini chiqarmay qoʻydi. Ikkisidan biri.

Soli pusib oʻtirgan yerida yelkasi bilan sekin turtdi:
— Akang zoʻr-ku. Qoʻrboshi boʻladigan ekan. Men undan xafa boʻlib, achchigʻim keldi:
— Qoʻrboshing nimasi! Esing joyidami?..
— Yoʻq, sen yaxshilab qara, — dedi u shivirlab.
— Xoʻsh, nima boʻpti? — dedim qaysarlik bilan. — Nari borsa Akmal oʻrisning adabini beryapti.
— E, qiziq ekansan! — Soli biqinimga yaxshilab tushirdi-da: — Shunaqalar boʻlmasa, bilasanmi, bu Akmal oʻrislar nima qiladi? — dedi qulogʻimga.
— Nima qiladi?
— Hammaning yelkasiga minib oladi! Ana undan keyin tushirib koʻr. Malades akang! Koʻzirlarning koʻziri ekan.
— Havasing kepti-da, — dedim kesatib. U kifti bilan kiftimga turtib qoʻydi:
— He, seni qara-yu! Toʻdasiga olsa, jon-jon derdim...

Shu mahal akam toqati toq boʻldi shekilli, sheriklariga oʻtirilib:
— Xoʻsh, hamonki aytmas ekan, nima hukm chiqaramiz? — dedi fe’li aynib.

Kursida oyogʻini chalishtirgancha chekib oʻtirgan oq kepkali (E, uni ham tanidim: anavinda yoʻqlab kelgan kissavur doʻsti-ku!) burnini jiyirdi:
— Uzidan koʻrsin. Itga it oʻlimi!

Akam «Sen-chi, sen nima deysan?» deganday ustunga suyangan sherigiga qaradi. U gapirib oʻtirmay, boʻyniga koʻliii sirtmoq qilib shiftni koʻrsatdi.
— Ana xolos! — deya shipshidi Soli. — Shu yerning oʻzida osishmoqchi!

Shu mahal Akmal oʻris xunuk bir hayqiriq bilan xoʻngrab yubordi. Biz hatto dovdirab qoldik. U bogʻdan chiqishga urinib jon-jahdi bilan yulqinar, tobora olborar edi:
— Jon ukalar, oʻldirmanglar! Aytaman, hammasini aytib beraman! Uni biz bosmaganmiz. Oʻzi qochib borib, anuv Parpilarga uchragan. Ular otib qoʻygan! Biz uni bosmaganmiz. Boshqani deb borganmiz, ukalar...
— Tiling bor ekan-ku, iblis, — dedi akam undan irganib.
— Bor-bor, bor, uka. Faqat, Parpidan qoʻrquvdik. Lytolmovdik.

Akam turgan yerida yarim oʻgirilib, unga qattiq tikildi:
— Yuzlashtirsak-chi? Tonsang-chi?

Akmal oʻris bir daqiqa qotib qoldi, esxonasi chiqib ketgan odamdek angrayib turib-turib:
— Nega... tonay? — dedi zoʻrgʻa.

Oq kepka oʻtirgan yerida labining chetida kuddi:
— Axir, Parpidan qoʻrqasan-ku. Shu gaping uchun u seni... sogʻ qoʻyadimi?

Akmal oʻris birdan lattaday boʻshashib, piq-piq yigʻlashga tushdi, keyin oʻpkasi toʻlib, yuz-koʻzlari jiqqa yoshga bulanib, xotin kishiday hiqilladi:
— Jon ukalar, rahm qilinglar. Menam... menam joʻjabirday jonman, musulmonman...

Akam tegirmon ichini larzaga keltirib, sharaqlab kulib yubordi.
— O-la! Musulmon ekaning endi esingga keldimi? Xudoni tanir ekansanmi? Qoʻrqar ekansanmi Xudodan?

Akmal oʻris yerga qaragancha qolib, oʻpkasini tutolmay hiqilladi.
— Alhamdulilloh... hamma qatori...
— Nima qatori? — dedi akam hayratlanib.
— Musulmon farzandimiz, qoʻrqamiz...

Koʻrib turibman: Sultonmurod akamning tepa sochi tikka boʻlib, uning koʻzlariga qattiq tikildi.
— Munofiq, — dedi ichiga sigʻdirolmay. — Xudodan qoʻrqqan odam bir mushtiparning toʻyini oblochi boshlab kelib, azaga aylantirib ketarkanmi? Xudodan qoʻrqqan odam quruq tuhmat koʻchasiga kirib, nomardning ishini qilib yurarkanmi?
— Xudo ursin, men hech kimga... — deb qasam icha turib, Akmal oʻris birdan yana jimib qoldi.
— Uradiyam, — dedi akam ijirgʻanib, — urib qoʻygani mana shu...
— Yana nima qilgan ekan? — dedi Soli menga.
— Eshitsang-chi, gapga suqulmay.

Men uni jerkib ulgurmay ham, Akmal oʻris ularga yalinishga tushdi. Biz jimib qoldik.
— Oʻlay agar, Sultonmurodxon, birovga atay yomonlik sogʻingan boʻlsam... Oʻlimdan xabarim bor, bu gaplaringizdan...
— Shunaqami?
— Ishoning.
— Unda Barzanning oʻgʻirlanganiyam bekor, Haybatning qamalganiyam bekor, otning hozirgacha topilmaganiyam bekor — shundaymi?

U kutilmaganda gʻiq etolmay qoldi. Boshi koʻksiga tushib ketdi.
— Gapiring. Ot kimning chorbogʻiga bogʻlab ketilishi kerak edi?

U oʻsha-oʻsha jim. Boshini koʻtarolmaydi.
— Nega indamaysiz? Va qachon bostirib borib, kimni badnom etmoqchi edingiz? Rejangiz nimaga chiqmay qoldi? Ayting!
— Hech qanaqa reja... boʻlgan emas. Ot yoʻqolgan — vassalom, — deb toʻngʻilladi u.

Akam unga qarab, bir qadam bosib bordi.
— Bekorlarni aytibsiz, — dedi engashib. — Maxfiy suhbatlaringiz ham, tuzgan rejalaringiz ham ma’lum. Otni Qoʻldosh togʻaning chorbogʻiga bogʻlab, qaytib borishi kerak boʻlgan odam shu yerda. Chaqiraymi?

Akmal oʻris ilkis alanglab, tipirchilab qoldi.
— Kim... shu yerda?

Qorongʻida ustunga suyangan naynov qoʻzgʻalganday boʻldi-yu, joyidan jilmadi. Akmal oʻris uni tanib, esi ogʻib qolayozdi.
— Toyir?
— Yoruqqa chiqsinmi yo hojati yoʻqmi? — dedi akam.
— Nega chiqmaydi? Koʻrsin! Bu dunyoda hamma oʻziga oʻxshab, ablah emasligini! — dedi oʻrnida oʻtirolmay oq kepka ham. U chekib turgan papirosini chertib yubordi, u choʻgʻlanib uchib borib devorga tegdi-da, mitti mushakday toʻzib toʻkildi.
— Men, — deb oldinga chiqdi u naynov kutilmaganda. — Siz meni kim deb oʻylovdingiz? Hamma ot jinnisi esini yeb qoʻyaveribdimi?
— Xoin, — dedi tutoqib Akmal oʻris, — Qoʻlimga tushmading, tushganingda etingni bittalab shilardim.

Sultonmurod akam kuldi.
— Kim xoinu kim xoin emasligini koʻrib turibmiz. Kim kimga choh qazidiyu kim oʻzi kelib tushdi unga?! — Akam boshini sarak-sarak qilib unga tikildi. — Bir umr oshigʻim olchi deb oʻylagan ekansiz-da! — Soʻng qayrilib shaharlik oshnasiga yuzlandi: — Nima qildik, Charli? Mana, koʻrding, eshitding hammasini. Oxirgi hukm sendan.

Charli chetga qarab, noaniq qoʻl silkidi va chirt etkazib tupurdi.

Soʻngra birdan ot jinnisiga oʻgirilib buyurdi:
— Yech buni!

U esa, oyogʻining ostida koʻlvor ilondek oʻralib yotgan arqonga qaradi.
— Shuminan osavuramizmi? Ingichkalik qilmaydimi?

Akmal oʻris tildan qolib, koʻzi ola-kula boʻlib ketdi. Charli bosh chayqadi.
— Avval Parpi bilan yuzlashtiramiz, keyin.
— Undan koʻra os, shoʻtta os, ablahlar! — Akmal oʻris birdan jazavaga tushib, baqirarkan, Sultonmurod akam kulimsirab unga yaqinlashdi.
— Ho? Nomardning ishini qilib, mard boʻlib oʻlmoqchimisiz hali?
— Bahriddinning oʻlimida tirnoqcha aybim yoʻq meningʻ! Bu yogʻini Parpidan soʻraysizlar? Gunohi uning boʻynida!
— Shunaqami?
— Biz uni bosmaganmiz, unga teginmoqchi emasdik.
— Ertagingni enangga aytasan! Kelinga nima deb valdiragansan? Hech kim bilmaydimi? Birovning toʻyini azaga aylantirganing uchun ham seni otish kerak! Ammo biz sen oʻylagan nomardlardan emasmiz. Toʻgʻri kelgan yerda osib, otib ketavuradigan! Aybingni boʻyningga qoʻyib, keyin otamiz. Yo boʻlmasa, koʻchingni orttirib, katta yoʻlga chiqarib qoʻyamiz. Yech buni, Toyir! Parpinikiga boshlab boradi.

Toyir naynov bukri ustunga chirmab tashlangan kimsaning chilvirlarini yecharkan, akam tegirmon toʻsiniga iligʻliq tosh fonusni ola boshladi. Chiroq yorugʻida uning toʻsin tomon choʻzilgan qoʻli, yo tavba, qip-qizarib, xuddi qonli qoʻlday koʻrinar edi. Mana hozir ular chiroqni oʻchirib, taxtasi koʻchirilgan eshikdan chiqadilar-da, yana oʻziday qilib qoqib qoʻyib, Akmal oʻrisni oldilariga solgancha joʻnab ketadilar. Parpi bebaxtni yotgan yeridan turgʻazib chiqib, yana qaysidir ovloqda bu bilan yuzma-yuz qiladilar. Asol xolamning yolgʻiz asrandisi nima boʻlganini bilib, hukm chiqaradilar va... ertaga butun qishloq...

Men tasavvur qilib boʻlgunimcha, akam chiroqni oʻchirib qoʻya qoldi. Toyir ot jinnisi esa, Akmal oʻrisning ketiga tepib, olib chiqib ketdi. Keyin qolganlar ham chiqib, kimdir eshik taxtasini oydinda joyiga qoqa boshladi. Biz boʻlsak, hamon tegirmon doʻlining tepasida pusinib oʻtiribmiz.

Koʻrganlarim holva ekan. Endi bu ajinalar makonida yolgʻiz qolayotganimizni va bu yerdan qanday qaytib chiqib ketarimizni oʻylab, vujudimni battar dahshat chulgʻab oldi.

«Sultonmurod aka, bizlaram bormiz!», deyishga esa, til qani, yurak qani!

Avvalgi
I- qism