OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMurod Mansur
Asar nomiJudolik diyori (1-kitob 2-qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Murod Mansur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Шарқ» Нашриёт-Матбаа Акциядорлик Компанияси - Бош Таҳририяти, Тошкент, 2007
Hajm321KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/15
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Жамоатчи муҳаррир: Нуруллоҳ Муҳаммад Рауфхон
Мусаввир: Хуршид Зиёхонов



iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Judolik diyori (1-kitob 2-qism)
Murod Mansur

Ikkinchi boʻlim (davomi)

Miltiqli Odamlarning Rizqi

Bogʻ derazaning tagida yotgan edim, birov yelkamga turtadi-turtkilaydi, chaqiradi shivirlab:
— Hey, Maqsud! Maqsud deyman!

Qovogʻimni yirib-yirtib, koʻzimni ochsam, derazaga osilib Soli turibdi. Kallai saharlab chiqqani yoqmay, toʻngʻilladim:
— Nima deysan?

U boyagi-boyagi alpozda soʻradi:
— Keldimi ularing?..
— Kim?
— Akang-da.

Tegirmondagi voqea esimga tushib, turib oʻtirvoldim.
— Yotibdi shekilli...
— Shekilling nimasi?! Qara! — shoshirdi u. Sekin borib, katta uyning eshigi tirqishidan moʻralasam, derazalarni valongor ochib tashlab, yotibdi yostiq quchoqlab. Taxmondan bitta yostiq olganu koʻrpani yozishga ham sabri chidamay, uyning oʻrtasiga choʻzila qolgan. Yechinmabdiyam. Rostdan, yetti xuftongacha tentirab yurgan odamga oʻrin ham hayf.
— Keptimi? — deb soʻradi yana Soli ichi gʻurmishlab.
— Yotibdi, — dedim yarim pichirlab.
— Anuv sherigi-chi?
— Bir oʻzi. U biznikiga odam opkelmaydi.
— Joʻnatvoribdida unda. — Soli bogʻ derazaning tokchasiga chiqib, choʻnqayib oʻtirib oldi. — Lekin, oilasanmi, hech yerda hech gap yoʻq — jimjitlik. Qozoqi doʻq qilishgan ekan-de.
— Qayoqdan bilasan, balki ikkalasiniyam tinchitib...

Soli barmogʻini koʻksiga nukdi.
— He, yoʻq, oʻzim borib angshagʻlab keldim-ku.
— Qaerga? — dedim uning tinchimasligiga hayron qolib.
— Qaerga boʻlardi — Parpi bebaxtnikiga-da. Suv kuygandek. Tinchitib ketishganida... onasi tek oʻtirarmidi!
— Nima qilardi?
— Haligacha yetti mahallani boshiga yigʻib, sochini yulardi.
— Akmal oʻrisni ham... qoʻyvorishgan deysanmi?
— Balki, — deb turib, birdan qistab qoldi: — Xohlasang yur, uyini aygʻoqlab kelamiz. Gulobisiga ikkita kesak otsak, yugurib chiqadi.
— Otamiz, — dedim men.
— Ketdik.
— Shoshma, yuzimni chayib olay, — dedim men.
— Tez chiq, — dediyu Soli oʻzini pastga otdi. Katta bogʻ yoqalab, qovunpoliz bilan oʻrtadagi dala soʻqmoqdan oldinma-ketin Boʻzsuv tomonga yugurgiladik. Oʻrikzorni kesib oʻtib, qaynamaning oldidan chiqdik. Akmal oʻrisning chorbogʻi Boʻzsuvning boʻyida ikkita tepalikning oʻrtasidagi kattakon chakalaksimon bogʻ ekan. Tagiga tangadek oftob tushmaydigan bir chakalakki, bulbullar chah-chahlab sayrab yotibdi. Gir aylanasiga ikki paxsali devor (uchinchi paxsasi sar-xokiga qoʻshilib allaqachon yemirilib boʻlgan), bir yon devorga tiralib oʻsgan behilar — sariq yung koptokday gʻuj-gʻuj hosil tutib yotibdi. Bir yogʻida, Soli aytganday, sariq, siyohrang gulobilar. Yana bir yogʻi Boʻzsuvga tushguncha tolzoru terakzor, tagi esa, maymunjonli chakalakzor. Pastini — Boʻzsuv tomonini, bilmadim, nima ekan.

Ammo darvozasi gʻaroyib. Ikkala tavaqasini baravar ochsa, ikkita arava bemalol biri kirib, biri chiqib keta oladi. Shunaqa katta, biron sabzavot omborinikini oʻmarib kelganmi, nima balo? Hovlida bir gala chipor tovukdar, babaqxoʻrozlar sollanib yurishibdi. Darvozaning oldidagi yongʻoqning tagida bitta govmish bilan ikkita gʻunajin kavsh qaytarib yotibdi.

Gulobi tomonga oʻtmasimizdan uzun simga bogʻloqlik apcharka it akillab yugurib kelib, devorga ikkala oyogʻini qoʻygancha irillashga tushdi. Soli ham qitmir. Engashib turib, yerdan bitta kesak oldi-da... unga shunchaki poʻpisa qiladi, desam, moʻljallab turib jagʻiga tushirib qolsa boʻladimi. It angillagancha dumini qisib qochdi. Zanjiri simda ancha yergacha sudralib bordi.
— Ana endi oʻmarib ketsang ham indamaydi, — dedi Soli ishshayib kulib. — Yolgʻondakam doʻq qilib qoʻysangam, sichqonning inini ming tangaga olib ketadi.
— Mol egasiga tortgan ekan-da, — dedim.
— E, yoʻq, bu yomon hayvon. Egasi bilan kelib qopmaguncha, kek saqlab yuraveradi.
— Senam opqochding-ku gapni! Olamizmi olxoʻridan?
— Nega olmaskanmiz! Balki nariroq borsak, zoʻr-zoʻr yana bir narsalari bordir.
— Zoʻrini xohlab qoldingmi? — deya kuldim men.— Tagʻin kaltagi nasib qilib qolmasin.
— E, tutib boʻpti.

Shu mahal (bizni koʻrmagan, shekilli) hovlida erkak kishining boʻralab soʻkingani eshitildi:
— Xoʻv, galvarslar, eshshakday yotavurasanlarmi? Ketingni kesib ketsa ham, bilmalaring, dayuslar!
— Oʻzi! — dedi shivirlab Soli, shu barobar pusinib choʻnqaydi. — Tirik ekan, kechagining alamini ukalaridan ovotti.
— Ketdikmi? — dedim hadeb oʻgʻriday pusinib oʻtirgim kelmay.
— Nega? Oʻmarmaymizmi biron narsa?
— E, qoʻy, shuning narsasini yedikmi?!
— Shuncha joydan kelib-a?..
— Biladiganimizni bildik-ku...
— Ha, darvoqe, — Soli kattalardek bosh silkidi. Lekin baribir quruq qaytgisi kelmadimi, yengimdan tortqiladi. — Shoshma, bu yoqqa kirmaydigan boʻlsak, ketdik. — U devor yoqalab pastga boshladi.
— Qayoqqa boramiz?
— Sen yuraver.

Tepaning tagidagi yolgʻiz soʻqmoqdan oldinma-ketin yugurgilashib boryapmiz, boryapmiz. Boʻzsuvning boʻyiga yaqinlashganimiz sari soylik kengayib, tepalik osmoni xaftimga koʻtarilyapti. Soli bu yerlarda sigir boqaverib, choʻmilishga kelaverib, yoʻli yod boʻlib ketgan shekilli, bamisoli uchib boryapti. Yetib olaman deyman, qani yetolsam.

Pastdan katta suvning namxush yeli yuzga uriladi. Yovvoyi yalpiz hidimi, balchiq hidimi, ishqilib katta suvning nimtatir bir hidini dimogʻim yaqqol tuya boshladi. Buloq boʻyiga yotvolib ichmoqchi boʻlganingizda gurkirab keladigan iforday bir hid. Aytmoqchi, baliqdanam shunday namxush hid ufurib turadi-ku.
— Qayoqqa boryapmiz? — dedim axiyri Boʻzsuv boʻyidagi chimzorda unga yetib olib. Soli chim ustida qotgan sigir tezagini suvga tepib yuborib, ishshaydi:
— Bir kepqopsan, topganimiz seniki.
— Nima topganimiz?

Atrofda hech kim yoʻq boʻlsa-da, u kallamni egib, qulogʻimga shivirladi:
— Savatlarni qarab chiqamiz. Baxtingdan koʻr: tushgani seniki. Boʻptimi?
— Qanaqa... savat?
— Baqirmasang-chi. Ovsarmisan, nima balo?! — Keyin yotigʻi bilan tushuntirdi: — Bu suvning boʻyida sekin gapirovur. Ovozing jangillab ketishini sez-mayapsanmi?
— Nima qipti?
— Savat egalari tutib olaqolsin, boʻlmasa.
— Ha-a.
— Ha-a! — dedi u ham ovsarligimdan kulib, keyin qoʻl silkab yoʻl boshladi. — Yur, ketimdan.

Shunday suvning boʻyidagi yolgʻizoyoq yoʻldan qamishzor yoqalab, oʻpirilgan tepalar yonbagʻirlab bora boshladik. Salgina yeldanam qamishlar shovullaydi. Oʻpirilgan tepaning yonbagʻriga ming xil qushlar in qoʻyib tashlabdi, halitdan chirqillashib bozor qilib yotishibdi. Ovozidan quloq batang boʻlgudek. Har zamonda yovvoyi koʻk kaptarlar suvning tepasida qanot qoqib-oʻyin koʻrsatib qoladiyu hammayoq shapir-shupur tovushlarga toʻlib ketadi. Bu yerda tiq etgan tovush ham yetti gaz naridan eshitiladi. Hatto oyogʻimizga urilayotgan oʻtlardan shitirlab emas, shovullab ovoz chiqayotganday.

Nihoyat, suv qoʻltiq boʻlib kirgan yerga yetdik. Minglab mayda baliqchalar gala boʻlib suv tagiga qochdilar-da, oʻtib ketishimiz bilan yana qaytib chiqa boshladilar.

Soli qirgʻoq turtib chiqqan yerda toʻktab choʻnqaydi-da, suv chetidagi oʻtlar ichidan bir narsani paypaslab izlay ketdi. Axiyri topib, ikki qoʻllab torta boshladi. Qarasam, eski zanjir. Nima ekan, deb anqayib turibman. Bir mahal suv yuzida avval tol savatning katta gardishi, keyin savatning oʻzi koʻrindi. Ichida bir narsa kumushdek yarqirab potirlaydi. Soli qancha chiranmasin, shunday suv yuzida turgan savatni qirgʻoqqa surolmas, sal boʻshashsa, savat suvga botib ketaverar edi. U menga ilkis qaradi:
— Nima qip qaqqayib turibsan? Tort ket tomonidan!

Qirgʻoqqa tizzalab suv yuzida qalqib turgan savatning dumidan zoʻrgʻa ushladim. Soli dalda berdi:
— Ha, qani, oldik.

Baravar tortgan edik, savat suvdan uzilib chiqib, oyogʻimizning tagiga dumalab keldi. Ichidagi suv shovullab toʻkilib, ikkita bilakdek-bilakdek baliq koʻrindi. Voy, uni qarang-a! Baliqlar potirlab, yuragim ham dukurlab ketdi. Shu mahal bittasi dumi bilan savatni oʻxshatib urgan edi, qoʻlimdan chiqib, suvga tushib ketishiga sal qoldi.
— Joning bormi? Ushlasang-chi!

Savatni chaqqon ushlab qoldim. Soli shosha-pisha uning qornidagi eshikchasini ocha boshladi. Soʻng bilagigacha ichiga tiqib, haligacha oʻynoqlab yotgan baliqlardan biriga chang soldi. Savatdan chiqarib oldi-da, boshi baravar koʻtarib, yoruqqa tutdi. Qat-qat tangalari kumushdek yaltirab yotgan baliq ogʻzini kappa-kappa ochgancha bilonglar, har bilonglaganda tangachalari orasi ochilib yiltirar, «gʻiyq-gʻiyq» degan ovoz chiqarar edi.
— Oʻ, zoʻrakan. Baxting borakan, Maqsud. Endi bularni sening hovuzchangda boqib turamiz, — dedi soli baliqni menga tutqazib, — Ma, ushlab tur.
— Oborgunimizcha, oʻlib boʻlmaydimi? — dedim hayron qolib.
— Lallayma! Hali tushirib yuborib, bir ish chiqarib oʻtirma tagʻin! Hazir boʻl, bular bir soatdan keyin ham oʻxshatib tepib qolishi mumkin, «Voy yuzim»lab yurasan keyin. — U ishshaygancha, savatdan ikkinchi baliqni chiqarib olishga tutindi.

Shu payt tepadan birovning:
— Hoy, qizitaloqlar! Nima qivotsanlar! — deb baqirgani jaranglab ketdi. Ovoz narigi qirgʻoqdan kelgan edi. Qarasam, hech zogʻ yoʻq. Yo tavba, kim boʻldiykin? Shu payt ovoz egasi yana:
— Men kimga aytvotman? — deb baqirdi.

Xuddi qarshimizda turganday, lekin hech kim yoʻq. Bunday oʻgirilib, tepamga qarasam, hov jarning ustida bir mitti odam turibdi. Yelkasida qirqma miltigʻiyam bormi, nima balo! Shuncha tepadagi odamning ovozi bu tomondan kelib, naq qulogʻimizning tagida jaranglar edi.
— Pus. Pusinsang-chi, — deb shivirladi Soli, — hali koʻrgani yoʻq bizni. Ovozimizni eshitdi, xolos.
— Uldimi koʻrmay. Undan koʻra, qochib qolaylik, — dedim.

Soli oʻqrayib qoʻydi.
— Yurakdanam berganakan! Hali tepadan tushib keldiyu, tutib oldiyu... ungacha biz qaerda boʻlarkanmiz.

Gap orasi savat ichidan baliqni oddi. Savatni esa, oʻtirgan yerida tepib, suvga dumalatib yubordi. Suv shalop etib, uni birpasda yutdi-ketdi. Qirgʻokdagi oʻtlarning ezilib, hoʻl boʻlganini demasa, birov bu yerni ssshat koʻribdi demasdi. Soli ikkinchi baliqni bagʻriga bosgancha, pusinib yoʻlga hozirlanarkan:
— Quridik, lekin orqamdan qolma! — dedi va oʻzi kelgan izimizdan urib ketdi.

Men ham xuddi hozir qoʻlga tushib qoladigandek, oʻlar-tirilarimga qaramay uning orqasidan chopdim. Nazarimda, uzun bir qoʻl huv oʻsha tepaning ustidan turib, gardanimdan koʻtarib oladigandek boʻlardi. Bunga sari tobora yerga qapishib chopyapman. Qamishu qiyoqlar yuz-quloqlarim, boʻyinlarimni tilib achishtiradi. Oyogʻim balchiqlarga botib ketadi. Oʻzim suvga munkib ketay deyman-u, lekin qoʻlimdan baliqni qoʻymayman. Ertalabki nasibani tashlab ketib boʻladimi, axir! Kattabogʻga yetgandagina Soli oyogʻini qoʻldan qoʻydi. Baliqni arikdagi jichcha suvga tashlab, oʻtning ustiga yotib oldi-da, menga qarab dumalab-dumalab kula ketdi.
— Voy, voy, uni qara! Betini qara! Oʻlaman hozir! Shu ahvolingni ammam bir koʻrsalarmi!
— Nima qipti? — dedim menam baliqni suvga qoʻyib.

U oʻzini zoʻrgʻa kulgidan tiyib, turib oʻtirdi:
— Yuv basharangni, yuvib ole! Qaerda shuncha balchiqqa bota qolding? Ajinadanam chiroyli boʻp ketibsan.

Men ariqqa choʻnqayarkanman, ust-boshim, tizzalarimni koʻrib, oʻzim ham hayron qoldim. Bitta baliqni deb balchiqqa shunday boʻyalibmanki, uch kun oqizoq qilib qoʻyilsamam toza boʻlmaydigan darajada edim. Rosti, Solini soʻkishimni ham, qoʻshilishib kulishimni ham bilmasdim.
— Qozonga yaqin yursang shuda, — dedim axiyri toʻngʻillab va sekin, hafsalasizlik bilan yuvinishga tushdim.
— Nima-a?!

Soliga ta’sir qildi, shekilli, sekin turdi-da, xuddi urib alamini olmoqchidek tepamga keldi. Men parvo ham qilmay yuz-betimni chayaverdim.
— Hoʻv, ovsar, — dedi u hezlanib, — hali biz qozon boʻlib qoldikmi, qora boʻlib qoldikmi?!
— Boʻlmasa, ertalabdan oʻgʻrilikka boshlaysanmi? — dedim men ham boʻsh kelmay. — Tagʻinam egasi miyangdan darcha ochib qoʻymadi. Miltigʻini koʻrdingmi oʻzi-ng?..

Solining rangi oqarib ketdi:
— Miltigʻi... bormidi? — Keyin yonimga choʻnqayib, ijikilay ketdi: — Rostdan koʻrdingmi?
— Borday edi-da. Toʻgʻri kelgan odamning narsasini oʻmarib ketaveradimi odam?
— Oʻnday boʻlsa, — dedi u oʻylanib, — anuv gaplar toʻgʻri ekan. Biz qochib yurganlarning oviga tegib qoʻyibmiz.
— Ana, aytdim-ku, tagʻinam otib tashlamabdi.
— Oʻlibdi-da. Oʻzimiznikilar-ku. Ikkinchi kelmasin deb bir qozoqi doʻq qilib qoʻygan-da. Undan keyin kunduzi oʻq chiqarisholmaydi.
— Nega?
— Bekorga oʻzlarini bildirib qoʻyishsinmi? — dedi u bilagʻonlik qilib.
— Qarorgohlari qaerda ekan-a? — dedim men yenglarimga chala-chulpa artinib.
— Qaysi bir tepaning tagidagi jarda emish. Yer-toʻla qip olishibdi. Oblochi bossa, oʻsha yoqqa qochib...
— Oblochi topib bora olmaskanmi?
— Topadi, topmay nima! Lekin yuraklari dov berib boʻpti Parpi bebaxtning yigitlariga uchrashga! U yomon!
— Oʻzlari qochib yurgan odamlar ekan, baliqlarini qaytarib bersak boʻlarmidi, — dedim ichib achib.

Ariqdagi baliqlar hamon onda-sonda bilonglab qoʻyardi. Dumidan yuzimga jichcha suv ham sachradi bir gal.
— Boramizmi? — dedi Soli qiziquvchanligi tutib.
— Qaniydi.

Ammo bilakdek-bilakdek balikdarga qarab, birdan aynidi:
— Yoʻlatisharmikan?
— Nima ishlari bor?
— Joylari ochilib qolishini istasharmidi. soʻrab oʻtirmay paq-puq otib qoʻyishsa... E, yoʻq, bekorga oʻlib ketadigan ahmoq yoʻq, — dedi bosh chayqab.
— Beriroqdan chaqirib koʻrarmiz. Kelishar? Undan keyin biz katta odamlarmasmiz-ku.

Soli oyoq tiradi:
— E, yoʻq, borsang, oʻzing boravur.
— Qoʻrqoq ekansan, bildingmi? — dedim jonim chiqib. — Oʻzing pishirib ye, oʻgʻirlik matohingni!

Shart burilib, Kattabogʻni yoqalab ketvordim: ogʻaynimish, qarindoshmish yana!

U gʻiq etmadi. Ikkita baliq oʻziga qoladi-ku, indarmidi!..

Tungi Otliqlar

Kechqurun oyim sigir sogʻayotgan edilar. Boʻynini qashlashib-qarashib tursam, orada hech gap oʻtmagandek Soli chaqirib kelib qoldi:
— Hey, Maqsud, bu yoqqa qaravor, — dedi darvozadan oʻtolmay.

Oyim, boraqol, deganday sigirning tagidan turdilar. Men yugurib chiqib bordim. (Biz shunaqamiz, uri-shib qolishimizgayam, yarashib ketishimizgayam taraf yoʻq. Toy tepkisini toy koʻtaradi-da.) Qarasam, yon qoʻsh-nimiz Saidumar aka bilan anhor boʻyida turishibdi, ishshayib. Baliqtoʻrni yelkaga tashlab, otlanib olishgan.
— Yoʻlpoʻstak shu mahalda? — dedim.
— Yur, toʻsat ga ketyapmiz, — dedi Soli maqtanib.— Saidumar aka baliqning konini biladilar. Qoʻllariyam yengil.
— Yuring qoʻshni, — dedi u kishi sizsirab, — hamroh boʻlasiz. Olov yoqib kartoshka koʻmib, bir maza qilamiz.

Ov desa jonini beradigan bu odam sigirlari qantarigʻliq qolib, oʻzi hali bedana oviga, hali baliq tutishga, hali baliq savatga tol xivich kesishga tentirab ketib qolar, biz bilan qoʻshilishib choʻmilishlarga, uzum oʻmarishlarga boraverar edi. Bir kuni shu Solining gapiga kirib, bangidevonaning urugʻini uqalab, (u koʻknori doniga oʻxshagan mayda boʻladi) kim koʻp kap otish oʻynashibdi. Oʻshandan keyin salga koʻp kuladigan boʻp qolishdiyu bu yogʻiga Xudo bir asradi. Ammo sofdil, soddadil odam, biz yangi qoʻshnilarni sizsirashlaridan bilavuring.

Borgim kelib turganini koʻrib u kishi:
— Tuz esimizdan chiqibdi. Ozgina olvoling, — dedilar.
— Yaxshi, — deya yugurib kirib ketdim va tuzni olib. — Oyi, biz Solilarnikidamiz, — deya qocha qoldim.

Oyim deraza tokchasiga sut togʻorachilarni tera turib:
— Hay, bir balolarni boshlab yurmalaring. Tez qaytgin, — deganlaricha qolaverdilar. (Aytib boʻladimi Izzaga toʻsatga ketvotmiz deb!)

Qayumbek amakining koʻchasidan gap sotishib ketaverdik. Hoʻv oʻsha — koʻch ortib kelayotganimizda arava agʻdarilib, toqilar oqib ketgan joygacha. Oydan hali darak yoʻq. Bir-biriga mingashib ketgan tepalar shom qorongʻisida oʻzidan ham kattaroq boʻlib koʻrinardi.

Oyoq ostidagi chimlar halitdan nam tortib, soydan salqin ufurib turibdi. Suvning oʻzi koʻrinmasa ham, pastdan boʻgʻiq shovqini eshitiladi. Havoda bodroq hidiga oʻxshash toza hid kezinadi. Iskab toʻymaysan. Men tepada tusmollab shox-shabba terib yuribman. Ular boʻlsa, soy boʻyida toʻsatga joy tanlashyapti. Gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovozlari baralla kelib turibdiyu oʻzlarini koʻrib boʻlmaydi. Qorongʻilikka singib ketishgan. Faqat, tusmollab topib borish mumkin.

Yarim quchoq shox-shabba yigʻib, Yoʻlbarstepaning ustida (oʻzini oftobga solib yotgan «Yoʻlbars»ning naq boshiga chiqvolib) oʻtiribman. Pastimda qirgʻoqlari elas-elas ajralib turgan soylik. Ichiga bir dunyo qorongʻilikni qamab, jivirlab yotibdi. Olmazordan tushib kelgan, hozir sezilar-sezilmas oqarishib turgan sshuv arava yoʻldan, u kelib tutashgan Jimittepadan koʻz uzolmayman. U yoʻl, u Jimittepa, Jiydalitepa va eshigimiz roʻparasidagi nokzorgacha choʻzilib borgan manavi bedapoyalar beixtiyor xotiralarimni qoʻzgʻab yubordi. Darvoqe, boshqacha boʻlishi mumkin ham emas. Axir, koʻch ortib kelayotganimizda mana shu koʻprikda sodir boʻlgan voqeani — soy suvini toshirgudek boʻlib choʻmilayotgan qizlar ustidan chiqib qolganimizni, ular bizdan hurkib, qayoqqa qocharlarini bilmay, oʻzlarini har yon urganlarini... unutib boʻladimi?

Toʻntarilgan aravani oʻnglab olgunimizcha ham ular suvdan chiqisholmay turishgani, saf-saf oqib borayotgan toqilarni tutib, qirgʻoqqa otib berishgani, hammasidan ham, aravadan uchib ketib, buloqqa yuztuban tushib, chiqolmay yotganimda tortib olgan Margʻu kennoyim — bu kechmishlar hammasi shunday koʻz oldimda turibdi. Keyin anavi tepalik ustiga, changal ichiga oʻtirvolib uning yoʻlini poylaganlarim, Sultonmurod akam yoʻldan urib aravasiga solib ketganida alamimmi ichimga yutib qolganlarim... esimga tushib ketdi. Eh-he...

Eski tegirmonda koʻrganimiz voqeadan keyin bu ishlarni Margʻu kennoyimni debgina emas, uning birinchi nikohini buzib, Bahriddin akamni benomu nishon yoʻqotganlarni izlab topish uchun ham qilayotganini bilgach esa, akamga mehrim boʻlakcha ortib ketdi. U, biz oʻylaganchalik, yomon yoʻllarga kirib ketgan emaskan, mardlarning mardi ekan hatto.

Kecha Margʻu kennoyimning unga kulib, intiqib qarashlaridan achchigʻim chiqib yurgan boʻlsam, bugun endi xolalarimning hukmidan noroziman. Margʻu kennoyimga ham, akamga ham achinib ketyapman.

U shu kunlarda judayam kamgap, bir yerga sigʻmaydigan boʻlib qolgan. Qovogʻini uyib olsa, shunaqa jahldor koʻrinadiki, bir narsa soʻragani ham yurak betlamaydi. Oʻziyam erta turib ketgancha, allamahalda kelsa-keladi, kelmasa, qayoqlargadir gum boʻlib ketadi. Oyimning soʻroqlarigayam kalta-kulta javob qilib qutuladi. Sezib-bilib turibmiz: rostini aytayotgani yoʻq, tegirmonda Akmal oʻrisga koʻrsatgan tomoshasidan ma’lum, u hazilakam oʻyinni boshlamagan. Oʻzicha Bahriddin akamning qotillarini topmoqchi... Yurakdanam xudo bergan ekan: hech kim mushugini pisht deya olmaydigan odamlarni zir titratib turibdi.
— Hey Maqsud, qayoqqa yoʻq boʻlib ketding? Opkelmaysanmi opkeladiganingni...

Men esam suvning salqin epkiniyu bir maromda shovullashi yoqib, tepadagi charaqlagan yulduzlarga termulib oʻtiraversam, deyman. Hali-zamon bir cheti uchgan yarim palla qovoqday oy koʻtariladi. Ana shunda bu olam chirildoqlar ovoziga toʻlib, oy nurlari bu soylikka toʻkiladi. Eh... Oʻsha nurlarga xayolingda argʻimchoqlar solib uchsangmi!

Soli pastdan chaqirishini qoʻymasdi:
— Maqsud, deyman! — Keyin oʻzicha toʻngʻillagani eshitildi: — Qayoqqa yoʻqoldi bu ovsar?..

Sal oʻtib, Saidumar akamning ovozini eshitdim:
— Gugurt olmabmiz-ku, Solixoʻja. Ogʻayning bilan uyga oʻtib kela qolinglar.
— Xoʻp, — dedi Soli va asta-sekin qorongʻilikdan qorayib chiqib kela boshladi.

Oʻrnimdan turdim.
— Chopdikmi?
— Chopdik!

Va biz tuproq yoʻldan uyga qarab chopib ketdik. Yongʻoqzorga yetib borganimizda togʻamning muyulishlaridan shopday boʻlib ikkita otliq chiqib keldi. Qoʻrqib ketganimizdan taxta boʻlib qolibmiz.
— Kim u, bemahalda tentiragan? — dedi oldingi otliq. Ovoz ohangidan, xuddi hozir qochsak, otib tashlaydigandek edi.

Dabdurustdan nima deb ovoz berarimizni bilmay, kichkina tortib ketdik. Tunda, yana uning ustiga, bunaqa xilvat joyda begona otliqlarga duch kelish... odam qoʻrqarkan. Balqi qaroqchilardir, balki oblochilardir? Bir chekkada qisinib turuvdik, otliqlardan biri yaqin kelib:
— Ha-a, sizlarmi, yigitchalar? — deb qoldi.
— Biz, biz, — dedik qaltirashib.
— Anuv, yangi koʻchib kelgan qoʻshnilaring bor-ku, Sultonmurodmi, oti nimaydi, oʻshaniki shu yerdami, qaerda turadi?

Men endi ogʻiz juftlamoqchi edim, biqinimga musht tushib, nafasimni yutdim. Oʻrnimga Soli javob qildi:
— Qanaqa yangi qoʻshni? Betta unaqa odam yoʻq, — dedi talmovsirab.
— Tepadan oʻtgandan keyin birinchi qayrilishda, deb tushuntirishgan edi-ku, — dedi ikkinchi otliq ishonqiramay.

Soli bir qadam oldinga chiqib, bidilladi:
— Anuv yoqdan, tepa koʻchadan tushib keldinglarmi?
— Ha-da. Oʻsha tepani aytyapmiz-da.
— Unda, anhor qayrilgan joyda oʻngga ketgan yoʻlni koʻrmadinglarmi? Oʻsha koʻchani aytishgan boʻlsa kerak. Betta hammasi eski qoʻshnilar. Biz bilamiz-ku.— Soli yolgʻon toʻqir, toʻqiganda ham, duduqlanmay toʻqir edi.
— Shunaqa denglar, — dedi birinchi otliq. — Aldamayapsizlarmi ?
— He, aldab bizga nima, amaki, — dedik baravariga.
— Ketdikmi, nima qiddik, Toʻlagan? — deya maslahat soldi keyingi otliq. Uning oti bosh silkib, pishqirib-pishqirib qoʻyar, oldingisiniki toʻxtamay soʻligʻini chaynar edi.
— Borib koʻraylik, mayli, — dedi u. Soʻng otining boshini burarkan, Soliga poʻpisa qildi: — Yomon bijildoq ekansan, sen bola. Bilib qoʻy, ammo-lekin gel qilayotgan boʻlsang, teringni shilib olamiz.

Soli dami ichiga tushib turibdi-yu, oʻlganining kunidan:
— Mayli-mayli, — deb valdiraydi.

Ular otlariga qamchi urib, yoʻrttirib ketishlari bilan u yana biqinimga turtdi:
— Tez chop, Maqsud! Akang qochadigan yeriga qochsin. Nima balo, xushtakchilar gʻaflatda qolganmi bugun.

Men oyogʻimni qoʻlimga olib, yugurib ketdim. Yuragim potirlab, chopib boryapman-u, mana, Akmal oʻrisni qoʻyvorganlarining oqibati, u tavba qilarmidi, sotgan, sotib alamidan chiqmoqchi boʻlgan, deyman. Qoʻldosh togʻamlarning qoʻrgʻonlarini aylanib oʻtib, opamlarnikidan uyga kirib borsam, oyim yolgʻiz oʻzlari chiroq yorugʻida mashina tikib oʻtiribdilar.
— Sultonmurod akam qani? — dedim hovliqqancha. Oyim koʻzoynaklarini koʻtarib:
— Nima edi, Maqsudxoʻja, u betavfiq hali kelgani yoʻq, — dedilar.
— Xudoga shukr-e, — degancha ostonaga choʻkarkanman, uning yoʻqligidan bir yengil tortdimki... ishqilib, yomon koʻzlardan oʻzi asrayotgan boʻlsin. (Ammo men qoʻrgʻonimizni allamahalgacha oblochining askar bolalari oʻrab, akamni poylab yotganini keyin eshitaman.)

Oyim ishga unnagan boʻldilar-da, yana koʻngillari tinchimay, yuzimga tikildilar:
— Tinchlikmi, rangingda rang qolmabdi, Maqsudxoʻja?

Hali aytib ulgurmagan edim, otxona tomondan ship-ship oyoq tovushi va ayol kishining piq-piq yigʻisi eshitildi. Ilkis oʻgirilib qaradim. Jiyda tagida birov oʻpkasini tutolmay yigʻlab kelar, lekin opamga oʻxshamas edi. Oyim ham yigʻi tovushini eshitdilar, shekilli:
— Kim? — dedilar sergak tortib.

Sharpa zinaga yetib keliboq, ovozini baralla qoʻyib yubordi:
— Voy, opov, endi nima qildig-ov? Ukaginayizzi qamab qoʻyishibdiyov...

Ovozlaridan tanidim: Qumri kennoyim. Ostonadan oʻtiboq yopinchiqlarini yulqib oldilaru oʻzlarini oyimning bagʻrilariga tashladilar.
— Shu shoʻrishlaram borakanmi-yov boshkinamizda, jon opayov?..

Oʻzlari mushtdek boʻlib oyimning bagʻrilariga singib ketdilar-u, nolayu figʻonlari uyga sigʻmas edi:

—Xudo-o, quruq tuhmatlardan oʻzing asragin-ov!..

Munis, mushtipargina kennoyimning aytib-aytib yigʻlashlariga chidayolmay, sekingina hovliga tushib ketdim.

Yigʻi ovozini eshitib, opamgilar, qoʻshnilar chiqa boshlashdi.

Ishkomda begʻam-betashvish chirildoqlar allaqachon chirillashini boshlab yuborgan edi. Yongʻoqzor ortidan pachoq barkashday kemtik oy koʻtarilib kelardi. Negadir uning yuzi judayam za’faron edi.

Nimalar boʻlyapti, qanday kunlarga qolyapmiz?

Mujda Yoxud Oting Nima, Qizcha?

Targʻilimni soyalatib, endi anhor boʻyiga kelgan edim, sal beridagi taqirga arqonlangan bitta gʻunajin kavsh qaytarib yotgan yeridan sakrab turib, dumini xoda qilganicha, qozigʻi atrofida gir aylanib chopa boshladi. Soʻna shekilli.

Yugurib borib, qoziqni sugʻurvordim. Boʻshangan gʻunajin bir hatlashda katta anhordan sakrab oʻtib, shataloq otgancha, egasining hovlisiga urib ketdi.

Men anhor boʻyiga, suvga oyogʻimni solib, oʻtirib oldim. Bir payt koʻzim huv pastroqdagi koʻk nokka tushib, koʻnglim sust ketdi. Shartta oʻrnimdan turdimu aihordan hatladim. Anavinda akam bilan shu nokning ta’rifini qilgan edik-da. Oʻzi koʻm-koʻk, pishmaganday turaveradi, ammo qoqsang, yerga chalp etib tushib, eziliblar ketadi. Yesang, ogʻzingda asalday eriydi.

Daraxtga chiqib, bittasini bunday tishlab koʻrsam... oh, oh, oh, nok ham shunaqa mazali boʻladimi! Xudoning qudratini koʻringki, turishi bir tiyinga qimmat, ammo yeb rohatlanasiz! Bu dunyoning noki emas, chin gapim... Tishlaganimni paqqos tushirib, qoʻynimga ham terib oldim. Soʻng shosha-pisha tushayotsam, oyogʻim toyib ketsa boʻladimi! Jon-jahdim bilan daraxtga yopishganimni bilaman, allaqancha joygacha sirgʻalib ketdim. Bilaklarim ham, sonlarim ham shilindi. Hammadanam, qoʻynimdagi noklarning rasvosi chiqdi: shiltasi etimga chip-chip yopishar edi.

Anhor boʻyiga chiqdim. Qoʻynimdan qolgan-qutgan poklarni chiqarib, badanimga yopishganlarini yuva boshladim. Shilingan joylarim suv tekkanda sal orom olganday boʻladi, lekin nam ketishi bilan yana lovullaydi. Axiyri boʻlmadi, koʻylakni shartta yechib, toʻlib oqayotgan anhorga oʻzimni tashladim. Bir-ikki shoʻngʻib olib, hech gap boʻlmagandek, yana anhor boʻyiga oʻtirib, omon qolgan noklarni yeya boshladim.

Asalday nok bir yoqdan ajab huzurlar bersa, ikkinchi yoqdan bilaklarim, sonlarim birov garmdori surgandek lov-lov achishadi-yonadi. Qani bir malham boʻlsa.

Shu mahal orqamda birov bordek tuyildi. Oʻgirilib koʻrsam, oyimlar aytmoqchi, qosh-koʻzi popukdek, sochlari mayda oʻrilib, oʻzi boʻysira tortib qolgan qizcha... iymanib, nima deb chaqirarini bilmay turibdi. Qaraganim unga ayni muddao boʻldi, shekilli, tilga kira qoldi:
— Siz... Siz Salom opoqimlani oʻgʻillarimisiz?

Orqamga qanday kelib qolganiniyam bilmay qolibman.
— Ha, — dedim hayratlanib.
— Yangi koʻchib kelgansizlar-a bu yoqqa?
— Ha, qizcha. Oʻzing kim boʻlasan? — dedim boshidan-oyoq qayta qarab.
— Tanimaysiz, — dedi u yer chizib, — biz sal narida — Tepaning u yogʻida turamiz.

Oʻtiraverishga oʻngʻaysizlanib, ikkita nokni chayib uzatdim.
— Ma, ol.

U mayda oʻrilgan sochlarini silkitib, bir chiroyli bosh chayqadi:
— Yoʻq, rahmat. Men sizni boshqa ish bilan qidirib keldim.
— Koʻkligiga, pishmagan deb oʻylayapsanmi? Avval bitta tishlab koʻrgin — bilasan, — deb qistay boshladim men.
— Oʻz-oʻzinglarnikidanmi? — deb qoldi qizcha kutilmaganda.

Nima deb javob qilarimni bilmay yomon oʻsal boʻldim. Keyin rostiga koʻchib qoʻya qoldim:
— Yoʻq. Hov anavi nokdan hozir olib tushdim. Sen olaver, egasi qoʻli ochiq odam.
— Unday boʻlsa, olaman, — deya nozik qoʻlini uzatib, avval bittasini, keyin ikkinchisini oldi-da, hidlab koʻrib, shirin jilmaydi. — Aytganingizcha bora-kan, bol hidi gurkirayapti.

Oʻrtada bir yaqinlik paydo boʻlganday boʻldi.
— Sen bitga tishlab koʻr avval, — dedim uni qoyil qoldirishni istab.

U iymanib, yerga qush qarash qilib oldi:
— Yeyman. Lekin bitta sharti bilan.
— Nima?
— Sharti shuki, hozir mening orqamdan yurasiz.
— Olavur-a!.. Qayoqqa yuraman?
— Biznikiga.
— Sizlarnikida nima qilaman?
— U yerda sizni bir odam chaqiryapti.
— Meni?.. Kim ekan u?
— Hozir aytolmayman. Boring, oʻshatta koʻrasiz. Endi yurasizmi? — dedi u boyagiday shirin va sirli jilmayib.
— Xoʻp, — dedim nima qilarimni bilmay, — lekin sen hali nokni yemading-ku. Yemasang, men ham...

Qizcha birdan arazladi:
— Bormasangiz, nokingiz oʻzingizga siylov!.. — U azza-bazza choʻnqayib, noklarni joyiga qoʻydi.
— Ie, juda gʻalati ekansan-ku, sen qizcha.

U yerdan koʻzini uzib, bir qarab qoʻydi-yu, ammo qovogʻini ochmadi. Oʻsha-oʻsha jiddiy turganicha, gapni kalta qildi:
— Yurasizmi?
— Mayli, boshlayqol unda, — dedim noiloj.

U boshini chiroyli egib, qayrilgan edi, mayda oʻrilgan sochlari orqasi bilan bitta boʻlib toʻlgʻonib ketdi. Men unga mahliyo boʻlib ergasharkanman, nok esimga tushib, uni chaqqon olvola qoldim. Xiyla indamay bordik. Ammo nuqul gapga solgim, shirin jilmayib qoʻyi-shini yana koʻrgim kelaveradi. Axiyri, chidamadim:
— Noking qopketibdi, qizcha, — dedim erkalovchi tovush bilan.

Qiz toʻxtab, qoʻlimda boyagi noklarni koʻrib, avvaliga hayron boʻldi, keyin men kutgan jilmayishini qildi.
— Nazaring ilmadi, a? — dedim hazilakamiga.
— Unaqamas, — dedi u astoydil. Koʻzlari nokda-yu, ammo negadir olmas edi.
— Unaqa boʻlmasa, ma, ol, nasibang sening.

U birov koʻrib qolmasin deyayotgandek hurkib, nokni shartta oldiyu «Rahmat»! deya qadamini tezlatdi. Sal borib, orqasiga oʻgrildi:
— Yurmaysizmi, kutishyapti, axir. Men yetib olishga shoshildim.
— Kim chaqirgan oʻzi, ayta qolmaysanmi? U qayrilib ham qoʻymadi.

Biz allakimning bogʻdevori yoqalab, ariq boʻyidan borardik. Tol tagida suv sharqirab oqib yotibdi. Ariq chetini yovvoyi yalpiz bosib, shoxlab ketgan, kulrang tanasi tizzaga urilganda hidi gurkirab-gurkirab ketadi. Ayni gullab, urugʻ bogʻlayotgan payti.

Yana allaqanday chorbogʻlarni kesib oʻtdik, yongʻoqzorlarni oralab, hovuz boʻyidan chiqdik. Ikki tomoni keta-ketguncha paxsa devor boʻlgan tuproq koʻchadan oyoqlarim kuyib, allaqancha yurdik. Nihoyat, salqin bir koʻchaga tushib, darvozasining oldiga koʻllatib suv sepilgan joyga yetganda, qizcha qayrildi:
— Siz shatta tura turing, xoʻpmi? — deya darvozaning bolachasidan — kichkina eshikchadan ichkari kirib ketdi.

Qayoqqa kelib qoldik? Bu yoqqa meni kim, nega chaqirtiradi? Akmal oʻris yo Parpi bebaxt boʻlsa-ya? Balki bu qizcha odam emas, ajina-pajinadir? Shunday xayollarga borib, tirsaklarimni chimchilab koʻraman. Koʻchaning oʻrtasida qaqqayib turgancha, yon-atrofga alanglayman: jinlar dunyosiga kirib qolmadimmi mabodo?

Yoʻq, suv sepilgan koʻchaning bir chetida ikki musicha gʻuv-gʻuvlashib, beozor quvalashib yurishibdi. Ariq labiga kelib qoʻngan popishak «hu-ku-pish-sh»lagancha menga bir qarab qoʻydiyu pildirab don izlab ketdi. Ariqdagi suv ham tanish qoʻshigʻini aytib, shaldirab yotibdi. Hech qanaqa ajinalar diyoriga oʻxshamaydi.

Bir vaqt boyagi kichkina tavaqa ochilib, qizchaning boshi koʻrindi. Bu gal u qoʻli bilan imlab, shipshidi:
— Kelavurarkansiz.

Oyogʻim tortib-tortinqiramay, lekin hayratim battar ortib, sekin ergashdim. Balki kirmasligim kerakmidi?.. Ammo qiziqish yomon narsa ekan dunyoda. Sirli narsaga uchradingmi, oʻzingni toʻxtata olmay, domiga tortilib boravurasan, boravurasan. Ajdaholar makoniga kirib ketayotgan boʻlsang ham, balki hozir ajdaho yoʻkdir, qoʻriqchi devlari yetti kechayu yetti kunduzlik uyquga ketishgandir, ichkariga kirib borib, malikani bir koʻrib olsam boʻldi, deysan. Ich-ichingdan dagʻ-dagʻ titrab tursang-da, bitta tuking qilt etmayotganday tutmoqchi boʻlasan oʻzingni. Malikaga qiziqish shu qadar kuchli...

Hozir ham jin jamalaksoch qizcha qiyofasida meni oʻrdasiga boshlab ketayotganday, salqinda uzala tushib, oyogʻini uzatgancha pinakka ketgan anavi arslonni avrab qoʻyganday koʻrinadi.

Biz oyoq uchida itni aylanib oʻtib, soʻri tagidan oddi ochiq ayvonga burildik. Roʻparada boʻyradekkina hovli, yana shundan kichikroq tuproq supa, supaning gir atrofi rayhonu jambilu qoʻqongullar bilan qurshalgan. Yana orasida iroqi doʻppining hoshiyasidek gulibeorlaru men umrimda koʻrmagan nozik-nihol chechaklar ochilib yotibdi. Faqat bir taraf guvalak devorga tutashib borgan. Shu supaga xontaxta qoʻyilib, dasturxon yozilgan. Yana chor tarafiga yalang qavat koʻrpachalar solingan, lekin hech kim yoʻq.

Qizcha meni negadir ichkarigamas, gulzor oʻrtasidagi oʻsha supaga boshladi. Keyin oʻzi:
— Keling, oʻtirib turing, — deb ayvon yonidagi eshikdan ichkari kirib ketdi.

Men esam, bu kimsasiz hovlida angrayib oʻtiribman. Bir koʻnglim, esim borida juftakni rostlab qolsammikan, Parpi bebaxt deganlarining uyi shu boʻlsa-chi, deyman. Lekin xavfning oʻzidan darak yoʻq. «Ajdaho» qaysi deraza yo eshikdan chiqib kelishini bilolmay garangman. Yana, har ehtimolga qarshi, yonimdagi guvalak devorga, unga qapishibroq oʻsgan bir tup olmaga (agar qochish lozim boʻlib qolsa, qanday tarma-ishshni moʻljallab) qarab-qarab qoʻyaman.

Devor tagidagi chetini binafsha tuplari tutib ketgan ariqqa xayolim qochgan ekan, bir mahal qaysidir eshik gʻiytillab ochilganday boʻldi. Yalt oʻgirilib, ayvondan tushib kelayotgan men uchun farishtaday bir odamga koʻzim tushib, qotib qoldim. Baqirib, sakrab ketgudek ahvoldaman-ku, qani endi suyunchdan ovozim chik,a qolsa. Qattiq sevinchu sogʻinch qoʻshilib ketsa, shu ahvolga tushib qolish mumkin ekanmi, tavba. U esa uzoq kasaldan endi turgan, hali madorga kirib-kirmagan, lekin sogʻayishdan darak berib turgan yuziga oilinar-bilinmas qizillik, koʻziga nur yugurgan kabi qiyofada bitta-bitta bosib, belidan yarim quchib olgan boyagi qizaloqqa suyangancha kelar, mendan koʻzlarini uzmas edi. Kelganim uchun halitdan nigohi pilan rahmatlar aytib, ovora qilgani uchun uzrlar soʻrardi goʻyo.
— Yaxshimisiz, eshon bola? — dedi u gulzor oʻrtasidagi yoʻlakka yetib.
— Sizmidingiz... chaqirtirgan? — dedim men ovoz bitib.
— Oʻylamovdingizmi?
— Hech. Siz boʻlib chiqishingizni bilsam, uchib-la kslardim, — dedim rostidan tonmay.
— Rahmat. — dedi kuylaganday.

Men oʻrnimdan turish endi esimga kelib, joy boʻshatishga shoshildim.
— Siz oʻtiravuring... Oʻshandoq. Men mana bunday, sizning qarshingizda, sizga qarab birpas oʻtiray. Koʻrmaganimga ham qancha boʻldi. Maylimi, eshon bola?

Ichimda jon-jon deb, maylingiz-maylingiz deb turibman-u, uning koʻngliga yoqib tushadigan biron soʻzni tashimga chiqarolmayman.

U supa chetiga yengilgina (omonatgina) oʻtirib, qizchaga javob berdi:
— Mayli, sen boraqol, Saida. Bizning eshon bola bilan ozgina gaplarimiz bor, — deya uni yelkasidan quchib, jamalak sochlaridan silab qoʻydi. — Oʻzimning aqlli singilginamdan oʻrgilay.

Ana xolos, men uni kim ekan, deb yuribman!

Qizcha supa chetidan supurgi bilan xokandozni olib, bu voqealarning unga daxli yoʻqdek, itoat bilan nari ketdi. Chiroyini yoʻqotmasa-da, oʻzi surati ramz boʻlib qolgan opasi, mening aziz Margʻu kennoyim esa, duoga qoʻl ochdi:
— Ilohim, sizning yengil qadamlaringiz bilan bu xonadonlar ustiga tushgan yuklarni oʻzi koʻtarib, fayz-barakotlar ato etsin, — dedi va shirin tilovat bilan Qur'ondan bir oyat oʻqidi: — «Avalam yarol-insanu anna xolaqnahu min-nutfatin fa iza huva xosimum-mubiyn» . Ilohim, oʻzing shifoi komillar ato etgin,— deya qoʻllarini yuziga tortdi.

Soʻng ochiq yuz, yengil taxa bilan qarab, oʻsha-oʻsha oppoq, lekin sal sargʻayinqiragan qoʻlini tavoze bilan koʻksiga qoʻydi:
— Xush kelibsiz.

Bunaqa vaqtda biz qatorilar nima deyishi lozimligini bilolmay, yomonam oʻngʻaysizlandim:
— Xushvaqt boʻling bizlarning baxtimizga, — dedim qisinib.

Uning koʻzlari chaqnab, yuzlari yorishib ketdi:
— Rahmat, eshon bola. Men sizni... — U kipriklarini tushirib, dasturxon chetini oʻynadi, — sizlarni bir koʻrgim keldi-bir koʻrgim keldi. Aybga buyurmaysizda ovora qilganim uchun.
— Ovorasi borakanmi, bir ogʻiz ayttirsangiz, uchib kelavuraman. Nima xizmat boʻlsa, mana, men turibman.
— Ming rahmat, shu shirin gaplariyiz uchun! — U sal choʻzilib, dasturxondagi patnis ustidan sochiqni oldi. — Qani, dasturxonga qarang, eshon bola. Bizning bogʻni uzumlaridanam tatib koʻring. Manavi anjirimizdan oling. Ayam, yurtimizning mevasidanam boʻlsin bogʻimizda, deb... atay Qoʻqonning tagidagi ona qishloqlaridan opkelib oʻtqazganlar buni, — deya bir taqsimcha sap-sariq oltinday anjirlarni oldimga surib qoʻydi.

Bunday mehmondorchilikni kutmagan edim. Uyalganimdan, nima deyarimni, nima yeyarimni bilmayman. Bu orada jamalaksoch qizaloq choy damlab, choynakni jajji taqsimchada koʻtarib kelib, tashlab ketdi.

Choy quyildi. Bir shingil uzumdan oldim. U anjirga qistab, oʻzi bir donasini oddi-da:
— Bu taomilda mana bunday yeyiladi, eshon bola, — doya uni ikkiga boʻlib, asali oqib yotgan joyini bir-biriga ishqadi va bittasini singlisinikidan ham bejirimroq ogʻziga soldi.

Men oʻxshata olmagan edim, beozorgina kuldi va koʻshib qoʻydi:
— Tez-tez kelib tursangiz, oʻrganishib ketasiz. Shu soʻzning oʻzidanoq oʻrtadagi oʻngʻaysizliklar koʻtarilib, men ham sidqididdan kuldim:
— Mashq boʻladi, deng?..
— Topdiyiz, eshon bola. Bahonada menam birpas yozilaman, — dedi u xuddi hozirdanoq iltimos qilayotganday.

Soʻramoqchi boʻlgan bir savolim bor edi, oʻrni kelib qoldi.
— Nima, dalaga chiqmay qoʻydingizmi?.. — dedim. Albatta, bu bilan, akamni koʻrmayotirsizmi, demoqchi edim. Margʻu kennoyim tushundi. Tushunib, kiprik k,oqdi. Shunaqa boʻp qoldi, degandayin. Keyin dasturxon chetini oʻychan himargancha:
— Oʻzinglar... yaxshi oʻtiribsizlarmi? — dedi. Asosiy gapi boshqa-yu, ammo nimadan boshlashni bilmay turganga oʻxshardi.
— Siz xolalarimning gapiga parvo qilmang, — dedim tomdan tarasha tushganday qilib. — Hammasini akam hal qiladi. Uning degani boʻladi, qarab turing! Uni bilasiz-ku, toʻgʻrimi?

Kennoyim toʻlib turganakan, yo asablari shunaqa boʻshashib ketganmi, oʻzini tutolmay qoldi, qoʻllari titrab, bosib kelgan xoʻrliknimi, yigʻinimi, yashirishga urindi. Lekin eplay olmadi.
— Bilaman, bilaman, lekin bu yoqda ayamgilarni koʻndirolmasam, inontirolmasam... nima qilay? — deb yubordi hiqillab. — Nima qilay, eshon bolajon, peshonam shunaqa shoʻr boʻlsa?.. Ayting, ayting oʻzingiz, eshon bolajon, men shunaqa boʻlsin debmanmi? Oblochi bossin, goʻshangalarda yolgʻiz qolay, debmanmi? U kishi benomu nishon ketsin, men shunday kunlarga qolay, debmanmi? Endi bu akangizni uchratgan boʻlsam, menda nima ayb, nima gunoh, eshon bolajon? Menam hammaga oʻxshagan bir insonman-ku, nega shumqadam atashadi? Hamma gunohlarni menga agʻdarishadi, jon eshon bolajon?..

U koʻzyoshlari shashqator oqib, «jon eshon bolajon»lar, choy choyda, anjir anjirda qolib, menam unga qoʻshilishib jimgina yigʻlar edim. Shuncha oʻzimni tutaman, oʻpkamni bosaman, deyman, qani bosolsam, tutolsam: yosh oqib kelaveradi, oqib kelaveradi. Uni na yashira olaman, na yenglarimga artib tutata olaman. Qoʻshilishib yigʻlasam, u yengil tortadiganday... hiqillab-hiqillab, unga qarab qoʻyaman.

Bechora kennoyiginam, endi shu shoʻrishlar ham borakanmi sizga! Nega hech kim sizni tushunmaydi? Anglamaydi? Anglagisi kelmaydi? Sultonmurod akam oʻzi qaerlarda yuribdi sizni shu kunlarga qoldirib? Mening oʻrnimda oʻzi oʻtirsa boʻlmasmidi hozir? Nega kelmaydi, xabar olmaydi?

Margʻu kennoyim hiqillay-hiqillay, axiyri tinchib, gandiraklab sekin oʻrnidan turdi. Yiqilib ketmasa edi hozir, deb jon hovuchlab oʻtiribman. Oʻrnimdan tura solib tirsagidan tutishga iymanaman. Jamalaksoch qizaloq ham koʻrina qolmaydi. U boʻlsa, bir amallab ariq boʻyiga oʻtdi-da, yuzlarini pishib-pishib chaygancha oʻsha yerda picha oʻtirib qoldi.

Keyin oʻrnidan turdi, siniq jilmaydi.
— Hartugul bir oz yengil tortdim, — dedi. — Ammo siz xijolat boʻlmang, eshon bola, men oʻzim erkaligim tutib, bir boʻshanib olay dedim-da. Maylimi?

Joyiga qaytib, hozirgina boʻlib oʻtgan voqealarni unutganday qiyofada menga qaradi.
— Oling, olib oʻtiring, eshon bola. Mening dardim bilan boʻlib, hech narsa yemadingiz ham, qaramadingiz ham dasturxonga.
— Nega, oldim, yedim. Rahmat.

U rahmatimni boshqacha tushundi, ketishga ruxsat soʻrayapti, deb oʻyladi shekilli, shoshib qoldi. Men esam, meni chaqirtirganidan, oʻziga teng va yaqin olib dardlashib oʻtirganidan boshim osmonda edi.
— Sizdan iltimos, jon eshon bolajon, — dedi Margʻu kennoyim koʻzlarimga javdirab, — ayting u kishiga: bir martagina koʻrinish bersinlar jilla qursa. Bir ogʻizgina bir narsa deb ketsinlar oʻzlari. Keyin, mayli, mayli keyin kelmasalar ham. Mayli keyin bular bilganlarini qilsalar ham... — Ovozi qaltirab, boshqa hech narsa deya olmay qoldi. Faqat yoshga gʻarq boʻlgan koʻzlarini mendan uzolmas, shu turishim bilan ham mendan goʻyo «Maylin, maylin?» deb iltijo qilayotganday edi.
— Aytaman, — dedim oʻpkam toʻlib.

Shu payt hovlida jamalaksoch qizaloq koʻrindi.
— Opa, koʻcha boshida ayam kelyaptilar, — dedi chopa kslib.

Men taraddudlanib qoldim. Ammo kennoyim shoshilmas edi. Yuzimga oʻsha-oʻsha iltijo bilan tikilib:
— Shu omonatni sizga ishondim, eshon bola. Sizni Xudoyimning oʻzi qoʻllasin. Endi bora qoling, — dedi. Soʻng ancha yumshab, xotirjam tortib, shirin jilmaydi: — Eshikdan kelib, tirqishdan ketayotganingizga ayb qilmaysiz-da? Mana bu yoqdan, oʻzingiz bilgan olmadan devol osha qoling.

Men shundagina devorga qapishib oʻsgan surx olmani tanidim. U oʻsha — biz bir marta oʻgʻrilikka tushgan qizil taram olma edi. Faqat unda biz narigi tomondan kelgan boʻlsak, bu gal egachasi bilan bu yogʻida turardik...

Jar Tepasidagi Dor

— Hoy, Maqsudxoʻja, qaragin, oʻrtoqlaring qayoqdan yoʻqlab kelishibdi.

Biz devor ortida oʻrikning soyasiga oʻtirvolib, baliqsavat yamayotgan edik. Koʻcha aylanib oʻtishga sabrim chidamay, devor nahrasidan oshib, darvozamizdan chiqib bordim. E-he, kimni koʻryapman?! Anhor yoqasidagi tepachada qaldirgʻochday tizilishib... yakkabogʻlik oʻrtoqlarim oʻtirishardi.

Meni koʻrib quchoqlarini ochgancha yugurgilashib tura boshlashdi. Aliakbar, Abrol, Boqi, Sattor... bolalikda tepalashib katta boʻlgan oʻrtoqlarim.
— Ey, ogʻaynichalish — bir poy kalish, qayoqlarga yoʻqolding?!

Men bu yoqdan chopdim:
— Ey, bormisizlar?!

Va tuproq koʻchaning oʻrtasida bir-birimizning bagʻrimizga otilishib, quchoqlasha ketdik. Xuddi toylar gir aylanib chopishgani, kishnashgani, yalab-yulqashgani kabi! Xuddi qoʻzichoqlar dikir-dikir sakrashib, oʻynoqlashgani kabi! Yuzga yuzlarni suykab... boʻyinlarni iskashib... tanish boʻylarga toʻyib-toʻyib...

Soʻng anhorning ikki yoqasiga tizilishib, oʻzimizning pichir-pichirlarimizga tushib ketdik: qaerda shakarpalaklar tars-tars yorila boshlaganiyu qaerda noklar sargʻayishga tushgani haqida. Egasi qay mahal yoʻq boʻlishiyu qay mahal qorovullashi haqida. Va hokazo, va hokazo.

Soʻng bu yangiliklar ham tugab, navbat vohma gaplarga keldi: ey, sen eshitdingmi, falonchini oblochi bosdi. Falonchilarnikiga oʻgʻri oralab, falonchidan qora xat keldi...
— Ey, yomon boʻpti-ku. Sariq Zoir endi yetim qoldimi?

Hamma jimgina bosh silkidi. Oraga xiyol lahza sukunat choʻkdi. Soʻngra Aliakbar, birdan bir narsa esiga kepqolganday, chalpagi chiqqan doʻppisini kaftiga qoqdi-da:
— Aytganday, Maqsud, sen bizni Boʻzsuvga boshla,— dedi.
— Boʻzsuvga? U yerda nima borakan?
— Bir odamni osib qoʻyib, toza baqirtirishayotganmish-ku, axir.
— Shuni ayt, shuni, — deb jovullashdi bolalar. — Har qiynashganda koʻzlari kosasidan otilib chiqib ketarmish-a, vey.
— Oblochisiniyam, melisasiniyam yoʻlatishmayotganmish.
— Shunaqa qiynoqni oʻylab topishganmishki, tegmasdanam baqirvorarmish.

Bunaqa gaplarni men, rosti, endi eshitishim edi, serrayib qoldim: kim boʻlishi mumkin? Shu payt ishshayib, ostonasida togʻavachcham koʻrindi.
— Hov, Soli, bu yoqqa qaravor, — deb chaqirdim men.

U kelib koʻrishgach, yana qirgʻoqqa tizilishdik. Anhorda suv chip-chip toʻlib oqyapti. Biz oyoqlarimizni osiltirib, suvga solvolganmiz. Bunaqa huzur hech yerda yoʻq! Peshin jivir-jiviriga toʻla Izza tomondan urayotgan dimni ham mana shu salqingina yuta oladi.
— Boʻzsuvda nima boʻlyapti, Soli? — dedim uning biqiniga turtib. Bunaqa hangomalardan eng avval u xabar topardi. Lekin hozir oʻzini bilmaganga solib, yasama anqaydi:
— Nima boʻlyaptiymish?

Bir odamni jarga osib qoʻyishibdi-ku, — deb eslatdi Boqi.

Shundan keyingina Soli ishshaydi:
— E, umi? Manavining akasining ishi-ku! — dedi yelkamga bir tushirib. — Oʻzi aytib bersin.
— Qanaqa akam? — deb hayron boʻldim men.
— Sultonmurod akang-da! vooy! — dedi u shuniyam bilmaysanmi, deganday. — Ammo-lekin boplabdi akang! Parpi bebaxt demaganlar...

.....— Opqochma faqat, — dedim unchayam ishonmay.
— Oʻlay agar, shunaqa soʻroq qilayotganmish, shunaqa soʻroq qilayotganmish...
— Shoshma-shoshma, qaysi jarda?
— Oyposhsha ammamlarnikidan tushaverishda, oʻzimizning choʻmiladigan joyimiz bor-ku, axir.
— Bor...
— Oʻshatdan sal pastdagi tik jarni koʻrganmisan?
— Koʻrganman, — dedim ikki terak boʻyi keladigan, oʻpirilgan tepani eslab. — Tepasida qurigan oʻrikmi, nimayam bor, oʻshami?
— Ana oʻshatta, qoʻltigʻiga arqon solib, jarning yarpm beliga tashlab qoʻyishganmish naq jaziramaga.
— Ola, koʻzing bilan koʻrmagansan-ku, opqochishingni qara, — dedim kulib.
— Koʻrmagan boʻlsak — koʻramiz, toʻgʻrimi, bolalar? — dedi u sherik izlab. — Hozir ayni opchiqishadigan payti...
— Ketdik, — dedi Aliakbar ichi qurib.
— Uyga kirmasdan-a? — dedim xijolat-la men.
— Uyni qoʻy, keyin. Qorinni desang, yoʻlda biron poliz-moliz bordir, axir, — dedi Boqi kulib.

Solining joni kirdi:
— Shuni ayt. Avval qovun sayli, keyin... dor tagida tomosha! Surdikmi?
— Surdik! — deya hammamiz sakrab turdik. Sultonmurod akam nimaga qorasini koʻrsatmay qoldi, desam, endi bu tomoshani oʻylab topibdi-da. Anuv kuni bittasini gadoy topmas tegirmonga oborib soʻroq qilgan edi, bugun bunisini tutibdi. Xudo koʻrsatmasin, qamalib ketsa, kim achinadi, kim qutqarvoladi?.. Qoq peshin vaqti. Qilt etgan shabada yoʻq. Olam saraton jivir-jiviriga toʻlib, chigirtkayu qushlargacha soyaga urib ketgan payt. Faqat, tinib-tinchimas biz yalangoyoqlar paykal yoqalab, loʻkillab boryapmiz. Xuddi ovga chiqqan boʻri galasidek. Oldinda Soli, orqasida biz. Ovga yetaklagan ona boʻridan farqi — shu ketishida ham gap sotib ketyapti.

Oyposhsha xolamgilarning bogʻlariga yetmasimizdan qovunpoliz boshlandi. Bogʻ etagida chayla, ammo chaylada zogʻ koʻrinmaydi. Hech yerda yoʻq shabada birdan oʻsha tarafdan gʻir-gʻir esib qoldi. Ora-chora qovunqoqi hidi gurkirab ketadi. Chayla tomida kimdir uzala tushib yotganga oʻxshaydi.
— Nima qilamiz, oralab ketavuramizmi, yo?.. — dedi Abrol toʻrlab yotgan qovunlardan koʻzini uzolmay.
— Hammasi shakarpalak ekan. Bosvoldi boʻlgandami, oh! — dedi Boqi ogʻzining suvi qochib.
— Toza anoyi ekansanlar-da, — deb kuldi Aliakbar. — Senlarga qolsa, tepkilab ketavursalaring.
— Baribir chaylada odam koʻrinmayapti-ku... — dedi Soli hovliqib.

Men unamadim:
— Boravuraylik, soʻragan yaxshi-da. Jildik.
— Soʻragan yaxshi-ku, — deb qiziqchilikka jilpangladi Soli, — ammo koʻzini shamgʻalat qilib, oʻmarib chiqqanga nima yetsin!
— Oʻzingam oʻmarilganiga mazaxoʻrak boʻp qopsan?

Bolalar xaxolab kulishdi.

Shu mahal chayla chayqalib, tepasida birov turib oʻtirdi. Keyin keti bilan surilib, tomidan oyogʻini osiltirib oldi. Shundagina yuzini koʻrib, tanibmiz. U «Qora Gʻani — boshing qani» ekan. Bizni koʻrib, chapak chalib yubordi:
— Ul-le, man qutullim...

Qora Gʻanini tanimaydigan oshnalarim angrayib qolishdi. Rostdanam kap-katta odam... dumbul boladek qiliq qila boshlasa, kim anqaymaydi. Hozirgina chapak chalib turgan devona bir hiringlab qoʻyib, yalinishga tushdi:
— Jon bolla, navonni qoʻybelila.

Men Solining biqiniga turtdim:
— Nima deydi?

Soli ishshaygancha devonaga yaqinlashdi:
— Gʻani aka, narvon oqib ketibdi-ku?
— Qaytta? Qani? — Poliz qorovuli hayiqib-alanglagan edi, chayla lopillay boshladi, jon halpida xodaga yopishdi. Bunga sari chayla tomi borib-kelib, Soli kuldi:
— Endi oʻshatta qopsiz, Gʻani aka.

«Qora Gʻani — boshing qani»ning yuzlari bujmayib ketdi:
— Jon bolla, tushiniyla, — dedi butini qisib, ham yigʻlamsirab.

Soli tegajogʻligʻini qoʻymay:
— Choptirvoruvring oʻshatdan! Kimdan uyalasiz? — dedi.

Hammamiz piqir-piqirga tushdik. Bunga sari Qora Gʻani keti bilan surilib, qoʻlini siltaladi:
— Yoʻqol-yoʻqol! Jinni eshak!

Tekin tomosha, xaxolab kuldik. Devonaning yuzlari qorayib, bir xunuk boʻlib ketdi. Men achinib, solining tirsagidan tortdim:
— Qargʻishiga qolib ketmaylik, hoʻv...
— Hazillashuvdim, Gʻani aka, — dedi Soli birpasda tuslanib. Soʻngra soʻradi: — Agar narvonni kuibersam, nechta qovun oberasiz?
— Beshta, — dedi devona quvonib ketganidan oʻntala panjasini koʻrsatib.
— Kelishdig-a?
— Kelishtik.
— Aynib qolsangiz-chi?

Qora Gʻani bosh chayqashdan qoʻrqib, qoʻlini tomoniga qoʻydi:
— Oʻlay agar...

Soli oʻt bosgan ariqdan narvonni tortib, oʻnglarkan, shivirladi:
— Hozir koʻrasizlar, tushadiyu qochadi.
— Nega, biron yerga oʻtaqolmaydimi? — dedi Abrol.
— Yoʻq, uyiga chopadi, oʻla qolsa boshqa joyga oʻtirmaydi.
— Hamma senlardaqami? — deb qoʻydim men. Gʻani aka narvonning poyidan qaltirab-saltirab tusharkan, Soli oʻzicha masxaralagan boʻldi:
— Uyaladi, ovsar.
— Senam uyal, — dedim men. Soli shaddodlarcha kuldi:
— Hu-huv, uyalmish...

Shu tob Qora Gʻani oxirgi pogʻonadan oyogʻini oldiyu qaddini tiklar-tiklamas, qiltonglagancha urra qochib berdi-ku! Voy, afandi-ey, qovunpolizni bizga tashlab qochyaptimi? Qochib borarkan, hiring-hiring kulib, «mana senga» deya dumbasiga shappalab qoʻyar edi.
— Hov, Gʻani aka, qovun-chi, oberib ketmaysizmi? — deb Soli yolgʻondakam oyoqlarini tapillatdi.

Gʻani aka battar hiringlab, devor yoqalab qochishga tushdi. Biz qornimizni ushlab, qotib qolibmiz.
— Boʻldi-da, vey, qistaloqlar, — dedi Aliakbar.— Butun qovunpolizni tashlab ketsayam qoʻymalaring.

Chaylaning soyasiga joylashgunimizcha Soli ikkita qovunni quchoqlab, uchinchisiga engagini tirab, chiqib keldi.
— Ollaring, — dedi ishshayib (zavqi kelganda shunaqa kulishi bor), — kim qanaqasidan xohlasa.

Sariq toʻnli bosvoldiga qoʻshib, koʻkcha bilan xunuk boʻrikallaniyam topib chiqibdi u oʻlarmon.
— Aralashib ketsa, hech narsa qilmaydimi? — deb Abrol tegishdi.
— Qorning chidab bersa, yana opchiqadi, — dedi Boqi. — Ammo qocholmay qolsang, bizdanmas.
— Unda ustidan kaltak ham yevorarkan-de? — deb toza kulishdik.
— Uni-buni qoʻylaring, poʻchogʻini nima qilamiz? Shunday tashlab ketavuramizmi? — dedim men.
— Sen buning gʻamini yemay qoʻyaqol, men oʻylab qoʻyganman. Qani, oldik. — Soli koʻkchani bir urib yorib, qoʻlida boʻlaklashga tushdi. Mishillab tushira ketdik. Bosvoldiyam yorildi. Boʻrikallayam boʻlaklandi. Choʻnqayib oʻtirib olganmiz. Qorin meshday shishib boryapti. Ikkita qovogʻari gʻoʻngʻillab ustimizda aylanadi. U yoqdan haydasa, bu yoqdan keladi, bu yoqdan haydasa, u yoqdan. Yana achchigʻi chiqib, talamoqchiyam boʻladi. Ammo biz boʻldi qila qolmaymiz. Shirin-da. Shirin ham gapmi, asalga aylanib ketipti.

Bir mahal Soli orqasiga qayrilib qaradi-yu, oʻgirilar-oʻgirilmas sapchib turib, qolgan qovunning ustidan sakradi:
— Atanda! Qochdik, bollar!

Hammamiz gurra qoʻzgʻalib, oyoqni qoʻlga oldik. Pastga qarab qochib boryapmiz, qochib boryapmiz. Poliz orqada qoldi, ikki tepalik oʻrtasidagi joʻxorizor ham. Soyma-soy oshib boryapmiz, toʻxtay demaydi. Bir mahal chimzorga yetib sekinladi. Axiyrida oʻpkasi tomogʻiga tiqilib, Abrol ham yetib keldiyu oʻzini yerga otdi:
— Qovun yemay men oʻlay, vuh!.. Oʻldirdilaring-ku, — dedi oʻpkasi tomogʻiga tiqilib.
— Uzi kim kevotuvdi? Hech kimning qorasi koʻrinmovdi shekilli? — dedi Boqi ham oʻtirishga joy izlab.

Soli hiringladi.
— Yoʻlini qiluvdim! Poʻchoqni koʻtarib yurdikmi?
— He, oʻl! — Men uning kuragiga musht tushirdim. Kamiga bir tepmoqchi edim, dikonglab qochdi. Shu mahal...

Boʻzsuvning narigi yogʻidan xunuk dodlagan bir ovoz kelib, biz hammamiz qotdik-qoldik.
— Voy, kim boor? Tortsalaring-chi bundo-oq! — deb baqirardi u ovoz.

Soli aytgan ish shumikan? Ovoz chindanam narigi betdan kelayotgan edi.

Soli oʻsha tomonga quloq tutib, bosh silkidi:
— Tik jardan kevotti. Ketdik, — dedi birdan Yoʻl boshlab, — roʻparasidan koʻramiz.

Soy oshib, davangirday bir tepalikka tarmasha ketdik. Enkayib, mol izi soʻqmoqdan changal-tikonlarga talanib koʻtarilib boryapmiz, boryapmiz, qani qir uchiga vtib chiqsak. Enkayib boraverganimizdan bir yoqda tizzalar qotib qolyapti, bir yoqda hozir boʻkib yegan qovunimiz boʻgʻizlarimizga keladi. Abrol demaganlar yarim yoʻlda qolib ketdi. Axiyri soʻnggi changaldan oʻtib, lop etib, tepaning ustiga — sayxonlikka chiqib qoldik. Bu yerdan Boʻzsuvning narigi beti xuddi oʻrtada suv yoʻkdek, toʻgʻridan-toʻgʻri tutashib ketgandek yaqqol koʻrinib turar, oʻsha yoqdan hilpindi shabada esar edi. Boyagi ovoz ham baralla kelib turibdi.
— Hoy, bir musulmon borme-e, qutqarsalaring-che! Tortib ola qolsalaring-che!

Soli oʻzini tappa yerga tashladi:
— Yotlarint, bu yogʻiga emaklab boramiz, — dedi. Tepaning usti qurib qovjiragan yantoq ekan, tirsaklarimgacha tilinib ketdi. Norozilanib qaradim:
— Shunday boravursak-chi? U koʻzini ola-kula qilib:
— I-i-i, oʻlging kevottimi? Melisalaram yaqinlasholmotti-ku, — dedi.

Noiloj emaklay ketdik. Tirsakka choʻplar botadi, tezaklar ilashadimi-ey. Barmoqlarga tikonlar kirib, jonim achiydi. Lekin narigi betdagi jarga oyogʻidan osib tashlab qoʻyilgan (balki boshqachadir), hozir jaziramada baqirib yotgan odamni koʻrishga ishtiyoq har narsadan kuchli edi. U dodlashini qoʻymaydi, biz emak-lab borishimizni.
— Voy, kattabogʻlile-er, man silarga nima yomonlik qiluvde-em? Nima qila qoluvde-em? Chaqirsalaringche oʻsha nomardne-e.

Tushunarli. Oyogʻidan ostirganam, jaziraga tashlab qoʻyganam u! Akmal oʻrisni qoʻyvorib, buni buncha qiynab qopti? Nimani tan oldirmoqchi! Yo koʻrib qoʻying: qotilning jazosi shu, demoqchimi? Akamning niyatini tushunib boʻlmas edi.

Bu orada biz tepaning chekkasiga yetib qoldik. Endi hov pastda yoyilib oqayotgan suv ham, roʻparadagi jar ham yaqqol koʻrinib turar, Boʻzsuvdan katta suv hidi anqib, salqini betga ojiz urilar edi. Narigi betda taqir tepaning ustida esa, yolgʻiz qurigan daraxt, undan uch qadam beridan jar tikka oʻpirilganu oʻrtada yolgʻiz tomday boʻlib bir boʻlagi osilib qopti. Ikki chekkasi Boʻzsuvgacha sidirilib tushgan. Tagida qamishzor shovullab yotibdi. Suv yutib ketganmi, botqoq tortib ketganmi shuncha tuproqni — aql bovar qilmaydi. Dod solayotgan odamni ham koʻrdik. Uni ik-ki qoʻltigʻidan arqon solib, haligi tepachaga tashlab qoʻyishibdi. Doʻppidek joyda oʻzini yerga otib-otib, boshini tik jarning devorlariga urib-urib dod solyapti. Qani endi dodi bu oraliq jarliqlardan chiqib, katta dunyoga yetib borsa!..
— One-e, shuning uchun tuqqanmi edi-iz?! Bu kunimdan oʻlganim yaxshi ede-e! Qilichda qiymalagani tuz-zuv ede-e! Ote-e-e, shuning uchun katta qilganmi ede-ez? Tegirmonni doʻliga tashlavoring ede-e! — deb hoʻng-hoʻng yigʻlaydi. Ovozi jardan-jarga urilib, vahimali guldiraydi. Aks-sadosidan jar qushlariyu koʻk kaptarlar toʻzib, porillagancha osmonga koʻtariladilar.
— Muncha toshbagʻirsanle-er! Eshitsalaring-che, ab-lahlar!..

Ammo javob yoʻq. Hech kim yaqiniga yoʻlabam qoʻymaydi, tortib ham olmaydi. Xoʻrlikka chidayolmay, oʻzini suvga otishga intiladi. Ammo bu niyatiga belidagi arqon mone boʻladi. Bir uchi tepadagi qurigan daraxtga chirmab tashlangan. Na oʻzini suvga ota oladi, na qutula oladi.

Soli yotgan yerida imo qildi:
— Ustidagini koʻrvotsanmi? Qopmi, nima?

Boya e’tibor bermagan ekanman, chindanam unga sirib birnima kiydirilgan, qop desa qopga, nimcha desa iimchaga oʻxshamasdi. Lekin ikki qoʻli, ikki oyogʻi chiqib turibdi. Oftobda yalt-yult tovlanadi. Nima ekan, aqlim yetmayapti.
— Muncha dod soladi, erkakmi oʻzi? — dedi Aliakbar.
— Seniyam qultum suv bermay jaziraga tashlab qoʻysin, nima qilarkansan! — dedi Abrol achinib.
— Soʻkkani bilan boʻshatarkanmi, oʻziga-oʻzi qivotti, — dedi Boqi.

Shu payt ustimizga shopday boʻlib, soqol-moʻylabi yuzini tutib ketgan bir odam kelib qoldi. Qoʻshogʻizini oʻqtalgancha boshini xunuk sermadi:
— Hov! Qani, bir tuyogʻingni shiqillatib qollaring-chi! He, topgan tomoshangdan!..

Tura qochdik. U kim edi, osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi — bilmay ham qoldik. Oyogʻimizni qoʻlga olib, chumda har chekkaga tirqirab ketdik.

Orqadan esa, hamon Parpi bebaxtning baqiriq-chaqirigʻi kelardi:
— Qarasalaring-che, ablahle-er, tan olib turibman-ku, axir. Otgan menman devotman-ku, axir, yana mima istaysanle-er?!

Ovozi Boʻzsuv boʻylarida jangillab, u tepadan bu tepaga uriladi, aks-sadosi hurkkan qushlarning potirlagan ovozlariga qoʻshilib, bir vahima, bir qiyomat qoʻpganki, yo alhazar, undan ikki oyoqni qoʻlga olib qochibgina qutulish mumkinday.

Men esam, bir jihatdan, hayratlanaman, boshqa jihatdan gʻururlanaman: shu dor, shu qiynoqlar bari Sultonmurod akamning ishimi? Toʻgʻrisi, ozgina qoʻrquv ham yoʻq emasdi: bu ketishda oxiri nima boʻladi?

Shu Gunohi Kammi Eringizning?

Boʻsh qoldim deguncha, biron ovloqqami, tepagami urib ketaman. Ayniqsa, kun chiqayotgan yo botayotgan paytlari. Tomgami, tepagami chiqvolib, tizzamni quchoqlab oʻtirvolsam, toʻp otib ham tushira olmaysiz. Lna shunday oʻtiravursamu xayolning uchqur otlariga minib, bolaligimning jinkoʻchalariga, xilvat bogʻlariga kirib chiqaversam, kirib chiqaversam.

Mana, hozir ham dahlizdagi orqaga qaragan kichkina derazamizning tokchasiga chiqvolib(!), Boʻzsuv tepaliklaridan koʻz uzmay oʻtiribman. Derazadan gʻir-gʻir urayotgan ukpardanam mayin shabadadan bir yayrasam, kecha biz shabboxun urgan polizu Boʻzsuv boʻylaridan koʻz uzolmay ikki entikaman. U yerlar oftobning kunbotardan sirgʻalib taralayotgan nurlarida (u nur selining oʻzimi yo oftob kun boʻyi toʻqigan sariq atlaslarini endi yigʻishtirib-tortib olyaptimi, ajratolmayman) bir goʻzal boʻlib yotibdi.

Ana, biz Qora Gʻanini qochirib yuborib, oʻzimiz qovun yorib yegan chayla. Ana, shum Solining «Atanda!»siga ishonib, biz urib ketgan joʻxorizor. Ana, ustidan emaklab borib, Parpi bebaxtni tomosha qilganimiz — tepalik. U yogʻini koʻrishga shuncha urinaman, lekin hech nimani ilgʻab boʻlmaydi. Na taqir tepalikni, na qurigan daraxtni, na jarning oʻpirilgan joyini. Lekin qoʻlga tushgan qaroqchining ovozi haliyam quloqlarim ostida jaranglab turibdi: «Qarasalaring-che, ablahlar! Tan olib turibman-ku, axir! Otgan menman devotman-ku axir!..»

Qarab turasiz, bilakuzuk oʻgʻrisiniyam, Bahriddinni gum qilganlarniyam topmay qoʻymayman, deb qasam ichgan edi. Topibdi-da? Tavbasiga tayantirishni... bosh-labdi-da? Lekin oʻzi qaerda? Nega qorasini koʻrsatmaydi? Ana kelar-mana kelar bilan necha kun oʻtdi, axir? Bu yoqda Margʻu kennoyimning iltimosi turibdi. Bugun ham kelmasa...

Hovlidan oyimning ovozlari eshitildi:
— Maqsudxoʻja, qaragin-chi, kim chaqiryapti?

Tokchadan sakrab tushib, koʻcha eshikka chopdim: akamning oldidan emasmikan?

Chiqsam... Oʻsha jamalak soch, puchuq qizcha, mungʻayibgina turibdi. Meni koʻrib, koʻzlarini olib qochdi va mitti oyoqlari bilan yer chizdi.
— Senmiding, Sai?! Kir, kiravermaysanmi?

U oʻsha-oʻsha, yerdan nigohini uzmay, sekin bosh chayqadi. Labini burib, bir nima demoqchi boʻldi-yu, bir qur betimga qarab qoʻydi. Uning nimaga kelganini eslab, xijil tortdim.
— Margʻu kennoyim... meni kechirsinlar, iltimoslarini yetkaza olmadim... — dedim uyatdan quloqlarim tagigacha lovullab.

U tin olib xoʻrsindi. Soʻngra shatir-shutur gapira ketdim:
— Bilasanmi, ishonasanmi, u kelmayapti! Akam kelmay qoʻydi uyimizga! Nima boʻlgan, qayoqlarda yuribdi — hech narsa bilmaymiz. Agar ishontira olsang, tayinlab ayt. Soli ikkimiz izlab koʻrmoqchimiz bugun. Topsak, aytaman.

Nazarimda, uning mijjalarida ikki tomchi yosh yiltiradi. Keyin bilagini koʻzlariga bosib shart burildiyu, chopib keta boshladi.
— Sai, Saida?! — deganimcha qolavurdim men.

Ichim chiroq yoqsa yorimaydigan holga kelib, anhor boʻyiga choʻkdim sekin. Margʻu kennoyimga nima boʻpti ekan? Nega yigʻlaydi? Meni odam deb chaqirtirishsa-yu, men haligacha aytolmasam... Uyat.

Tura, orqasidan chopdim. Ammo qizcha yerda ham, koʻkda ham yoʻq edi endi. Ketib boʻlgan edi. Eshiklariga borishga betim chidamadi.

Boʻshashib qaytib kelsam, paranji yopingan bir ayol eshigimizda bola koʻtarib turibdi. Piq-piq yigʻlaydi-yu, ovoz berib chaqirolmay, har zamonda halqani urib-urib qoʻyadi. Doʻmboqqina bolasi uning sim-sim yigʻlashiga birpasgina hayron qarab turib, yana shoʻxligini boshlaydi; ayolning boshidan chachvonini tortqilab qiya ochadi-da, «Aji», deya shirin moʻralaydi. Uning oʻyini yoqmay, ayol boshini bir yoniga tashlab, yuzini ouradi. Bola qiqirlab, battar chachvonni tortqilaydi.

Men tomoq qirdim. Ayol hurkib qaradiyu, shosha-pisha chachvonini toʻgʻriladi. Ich-ichimdan faxrlanib koʻydim: he-hey, biz ham yigit boʻpqopmizmi?..

Ayol yigʻisini yutib, andisha ila tortinib soʻradi:
— Opovsi, Salom kennoyining oʻgʻillarimasmisiz?

Men bosh silkidim:
— Ha, keling.
— Oʻzlari, bormilar?
— Borlar, keling-kiravering, — deb men oldinga oʻtdim.

Ayol boshini bir yoniga tashlab, bolasini boshqa qoʻliga oldi.
— Bir ogʻizgina gapim bor edi, chaqirvora qoling.
— Kiravuring, oʻzlaridan boʻlak hech kim yoʻq... siz qochadigan, — dedim.

Hozirgina yigʻlab turgan ayol, nazarimda, jilmayganday boʻldi.

Eshikni ochishga shoshildim.
— Keling...
— Mayli, hech qoʻymadingiz... — deb u ergashdi. Doʻmboq oʻgʻli qurtdek bilongʻlab, tipirchilar ekan, ayol ostonadan oʻtiboq uni yerga qoʻydi va jajji qoʻlchasidan yetaklab oldi.
— Yura qol, ana, moʻttiginam...

Bola talpanglab, faqat oʻng oyogʻini tashlay-tashlay, bir chiroyli yurib borardi, birdan qiqirlab onasining etagiga yopishdi va guldor doʻppisi yerga tushib, kokili ochilib qoldi.

Men doʻppini olib, boshiga kiygizarkanman, juvon: «Rahmat, togʻajonisi», deb qoʻydi menga va bolasini koʻtarib oldi.

Oyim juvonni tanimaygina, lekin mulozimat bilan kutib oldidar:
— Keling, poshsha kelin, supaga chiqing. Teparoq, chiqavuring.

U oʻgʻlini supaga qoʻyib, boshidan paranjisini koʻtardi-da, chachvoniga qoʻshib bagʻazga ildi. U nihoyatda koʻhlik edi. Sariq atlas ustidan kiygan duxoba nimchasimi chiroyini yanada ochib turardi. Oyim «poshsha kelin» deb ataganlaricha bor ekan. Engillari ancha uringani bilan, juda yarashib turar edi oʻziga.

Poshsha kelin, oyim qistaganlariga qaramay, poygahga — hamisha men oʻtiradigan joyga qimtinibgina choʻkdi, tizzasini bukib, atlas lozimli oyoqlarini bir chiroyli yigʻgancha oʻtirdi. Duo qilib ulgurmaslaridan bolakay xontaxtaga tarmashib, qiyqira ketdi: hali tapillatib uradi, hali atrofida gir aylanib oʻynoqlaydi, mehmonga kelganidan boshi osmonda goʻyo. Men ishkom ichida goʻyo ishim bilan (uzumga kirgan edim, xomtokka «tushib ketdim») bandman, ammo ulardan koʻz uza olmayman.
— Yaxshi oʻtiribsizlarmi, men sizlarni bezovta qilib qoʻymadimmi, xolamoyi? — dedi Poshsha kelin.— Aibga buyurmaysiz bevaqt kelganimizga.
— Yoʻq, nega, odam bor yerga odam kiradi. Bezovtasi bormi, xush kelibsiz, — dedilar oyim.
— Xushvaqt boʻling. — Mehmon roʻmolini toʻgʻrilab, arzi holga chogʻlandi. Xokisor qiyofada yigʻlamsiradi:— Meni kelganim... Oʻzingizdan qolar gap yoʻq, xolamoyijon, manashi jujugʻimizning adasi... — Koʻngli toʻliqib, gapirolmay qoldi, quruq yutinib yerga qaradi, titroq qoʻllari bilan koʻrpacha qatini toʻgʻrilashga tutindi.
— Siz tortinmang, — deb dalda berdilar oyim. Men ishkom ichidan koʻrib turibman. U ba’zi ayollarga oʻxshab yolgʻon yigʻi bilan avramas, chindanam dardini aytolmay toʻliqib oʻtirar, gapirolmas edi hech.
— Shu jujugʻimizning adasini... Oʻzingiz balki ilitgandirsizam... Axir tanimagan, eshitmagan odam kolmadi... Isnodlarga oʻlar boʻlsak oʻlib boʻldik... Bosh koʻtarib eshiklarga chiqarga, mahallada yurarga yuz ham qolmadi, xolamoyijon. Lekin biz nima qilaylik, boshqa pushtipanohimiz boʻlmasa? Yomon boʻlsa ham, xonadonimiz chirogʻi, suyanchigʻimiz edilar. Nima qilasiz, osmon uzoq, yer qattiq, davr — manavinaqa... Rahm qilsinlar, jon xolamoyijon, balki shu oxirgisidir, qaytarlar tamom. Gunohlarini soʻrab bering shu galcha, manavi jujuqlari haqqi. Yigʻlay-yigʻlay soʻqir boʻlib qolgan onalari haqqi. Soʻrab bera qoling. Sizdan ooʻlak oʻrtaga tushadigan topmadik, xolamoyijon...

Ayol kaftlarini koʻzlariga bosib-bosib yigʻlar, xoʻrlikdan bolasini ham unutgan, u boʻlsa, parvoyi palak, xontaxta atrofida qiqirlab aylanar, tapirlatib, qip-qizil milklarini koʻrsatib, bir chiroyli kular edi.

Ayolning kimligini, kimning gunohini soʻrab kelishini fahmlaganday boʻldim. Nahot bu oʻsha... qaroqchining xotini? Parpi bebaxt deganlarining shunday xotini, oʻgʻli bor ekanmi?!

Nima derkinlar deb nuqul oyimning ogʻizlariga tikilaman. Axiyri oyim yuz-xotirlik bilan:
— Eringiz oddiy ot oʻgʻrisi boʻlsa, boʻlak gap edi, kelinposhsha, — dedilar. — Uning gunohi ogʻirroqmi, deb qoʻrqaman. Sultonmurod unaqa-bunaqaga toʻnini teskari kiymaydi.
— Siz bir koʻrsangiz edi, xolamoyijon, dardida yigʻlay-yigʻlay, koʻzlari xira tortgan qaynonamni! Eshiklarga emaklab chiqib, ostonalarda oʻtirvolib, oʻkillarini chaqirishlarini koʻrsangiz! Yuraklarni toʻkib yuboryaptilar. Men bu koʻrgiliklarga qanday chiday, xolamoyijon, qanday?..

Oyim oʻsha-oʻsha bosh koʻtarmay oʻtirgancha, xoʻrsinibmi, burunlarini tortib qoʻydilar. Soʻng ilkis qarab:
— Sizam eshitsangiz edi, koʻrsangiz edi Asol opam tuni bilan Izzaning tepalarida tentirab chiqishlarini, yolgʻiz oʻgʻillari Bahriddinni chaqirib yurishlarini, — dedilar alam bilan. — Soʻqirlik nima?! Kap-katta odam oʻgʻlining dardida kuyib, adoyi tamom boʻldi! Esdan ayrilib, «Bahriddinim»lab ustun quchoqlab oʻtiribdilar, bilsangiz.

U kutilmaganda yigʻidan toʻxtab, oyimga tikilgancha qotdi.
— Nahot shu gaplar... rost? — dedi nihoyat lablariga jon bitib. (U hatto boʻyniga yopishib-tarmashgan bolasiga qarab qoʻymas edi.)
— Qanday qilaylikki, rost, hammasi rost. Bir boʻy yetgan yigit goʻshangalarga kuyov boʻlolmayin ketti. Bir kelin chimildikda turib... beva qolaverdi. Bir ona oʻgʻlining firoqida, mana, yarim yilki, esi ogʻib, sochini yulib oʻtiribdi. Shu gunohi kammi eringizning?

Kelin ne deb javob qilarini bilmay, bir muddat tosh qotib, oʻtirib qoldi. Oyimning koʻzlariga qaray olmas, yer yorilsa, kirgudek holda edi.
— Kechirasiz, xolamoyi, — dedi hazin tovushda axiyri, — biz bebaxtlarning koʻrgiligimiz shu ekan.

Va ogʻir qoʻzgʻaldi. Shu indamaganicha, indamayin oʻrnidan turib, indamayin bolasini qoʻliga oldi, indamayin bagʻaz yoniga bordi va undan paranjisini olib, bilagiga tashlagancha, eshik tomon yurib ketdi. Yaqindan juda yaxshi koʻrdimki, koʻzlarida tomchi yosh yoʻq, goʻyo u soʻqir koʻzdek qotib qolgan, aylanmas ham, kipriklari qilt etmas ham edi. Yoʻlini qanday topib boryapti — aqlim bovar qilmasdi.

Beixtiyor Margʻu kennoyimni esladim. Koʻz oldim xiralashib kelib, goʻyo bir tuman qoplab oldiyu... lablarimning chetidan shoʻrtang tomchilar sizib kira boshladilar.

Jinqarcha

U ketdi. Men ishkom ichidan sekin chiqib, supaning bir chetiga choʻkdim. Oyim koʻzoynaklari ustidan bir qarab qoʻyib, yamoqlarida davom etaverdilar. Men oʻtirib-oʻtirib, sekin tomoq qirdim:
— Oyi, u endi qaytmaydimi biznikiga?
— Kim? — dedilar daf’atan anglamay.
— Sultonmurod akam-da.
— Nega, chaqirsak kelaveradi. Faqat oblochi bezovta qilmasin, deb kelmayotgandir-da. Nima edi?

Men aytolmay, mingʻirladim.
— Yoʻq, oʻzim...

Shu mahal eshik qiya ochilib, birov koʻrindi:
— Mumkinmi, kim bor?

daf’atan tanimabman, Olim akam ekan. U alanglab kirib kela boshladi.
— Ie, oyi, qarang, kim kevotti?! — Men oʻrnimdan tura, yugurdim.

Asrandi akam kichkinagina koʻkish jomadonchasini demasa, quruq kirib kelar, hatto melisa kiyimini berishmagan edi unga.
— Men qaytguncha, koʻchvoribsizlarda bu yoqqa?.. — dedi u yelka tutib.

Oyim uni peshonasidan oʻpib, aylanib-oʻrgilib, taglariga koʻrpachalar yozib, tepaga qistadilar.
— Kela qol, aylanay, yuqoriroq chiqaver.

U jomadonchasini yeru koʻkka ishonmay toʻrga oʻtdi va yoniga qoʻyib, choʻkdi:
— U yoqqa borsam, deng, tom ochiq, hammayoq xaroba, hovli yutaman deydi. Anqayib qopman. Yaxshiyam qoʻshnilariz borakan, aytib qolishdi, — dedi u.
— Ey, nimasini aytayin, — deb oyim koʻzlariga yosh oldilar. — Togʻang boyaqish, mana, nimaga shoshgan ekan, bizni qoʻyarda-qoʻymay koʻchirib keluvdi. Endi oʻzi qanday zax xonalarda yotibdi ekan?
— Kim? Qoʻldosh togʻamlarmi? — dedi u oʻz quloqlariga ishonmay.
— Ha-da, seni ham oʻsha oʻqishga joylaguncha bir yerga yetgan edi. Mana, endi oʻzidan xabar oladigan bir mardi Xudo yoʻq. — Oyim kuyib ketganlaridan fotiha qilishni ham unutib, bosh eggancha jim qoldilar.
— Yoʻgʻ-e, qanaqa chaquv boʻla qolibdi? Ishlaridan ishkal topishibdimi? — dedi Olim akam hovliqib.
— Qochib yuribdi, deb kimdir xat tashlaganmish. Kenja togʻang ketdi, Islom togʻang ketdi. Akrom togʻang ketdi, Usmon togʻangni qarchigʻayday ikki oʻgʻli joʻnadi, Qoʻldosh togʻang qochadimi? Nima boʻlsa, doʻst-dushmandan boʻldi, bolam. Ishga deb ketib, qamoqqa toʻshib oʻtiribdi togʻang. — Oyim etaklarini mijjalariga bosdilar. — Tangrim oʻzi buyuk, oʻzi qodir. Istasa qahr etadi, istasa mushkullarni oson qiladi. Ilohi, biz moʻminlarni hifzu himoyatingga ol, qasd k,ilganlar past boʻlsin...

Oyim endi uning yuziga ochiq qaradilar:
— Oʻzing yaxshimisan? Yaxshi qutulib keldingmi? Olim akam negadir koʻzini olib qochdi:
— Oʻqishini... tashlab keldim.
— Tashlab? Togʻang eshitsa, xafa boʻladi-ku. U yamlanib chaynaldi:
— Menga... toʻgʻri kelmadi... Oʻsha oʻqishlari. Oyim shubhalanib, koʻziga qaradilar:
— Nimasi... toʻgʻri kelmaskan?
— Bunaqa oʻqish, bunaqa ishlar... bizga yarashmasakan, xola.
— Yaxshi boʻlmabdi, — dedilar oyim.

U jim qoldi. Oʻrtaga hech gap sigʻmas, oʻzi ham bir nima deyishga jur'at eta olmas edi.

Nihoyat oyim choy tayyorlagani qoʻzgʻaldilar:
— Haliyam boʻlsa, togʻangning oldidan oʻt, — dedilar fikrlaridan qaytmay. — Bahonada koʻrib ham kelasan.

Men ikki bosh uzum uzib, anhorda chayib kelgunimcha, oyim choy damlab, non sindirdilar. Endi bir piyoladan ichibmidik-yoʻqmi, zagʻizgʻon sayrab uchib oʻtdi.

Yana kelmagan kim qolgan ekan, deganday, oyim eshikka qaradilar. Tavba, shu tob eshigimiz gʻiytillab ochilib, avval gavdali odamning soyasi, soʻng hassasi koʻrindi — harsillab-lorsillab Nusratilla pochcha kirib kela boshladilar.
— E-e, kimni koʻryapman-kimni koʻryapman! — U kishi uzokdan shirin manziratlar qilib, birdan hovlimizga fayz kiritib yubordilar: — Hay-hay-hay, Olimmisan? Koʻz tegmasin, er yetib qopsan-ku, a? Boʻy tortib qopsan-ku, a? — Akam salom berib, boʻyin egib borgan edi, bagʻrilariga bosib, kuraklarini silab, alqay ketdilar: — Uni qara-ya, tomirimning tomiri, Abdurahim eshon pochchaning yodgorlari! Koʻrinib turginda bunday. Oʻqishga kirdim deb yoʻqolib ketding... Hay-hay-hay, umrning oʻtishini qarang.

Men ham salom berib, chopib bordim. Meni ham bagʻrilariga bosib, mushk-anbar hidlarini gurkiratib, peshonamdan oʻpib qoʻydilar.
— Oh, toychoqlarim-toychoqlarim, ertaga ot boʻlib, orqamizda qoladigan kishnoqlarim. Xudoyim bizlarga iymon, sizlarga umr bersin. — Keyin harsillab-lorsillab toʻrga oʻtib, duoi fotiha qildilar-da, yana Olim akamni gapga tuta ketdilar: — Shunaqa degin-a, oʻqivotman degin-a? Bizdanam bitta oʻkumatti ishongan togʻi chiqarkan-da, a?

Bunga sari Olim akam qisinadi, qizarinib yer chizadi!
— Unchalikmas, pochcha.
— Sen xoʻp deyaver! Togʻang seni bu qiztaloqning oʻqishiga zoʻrgʻa joylaganidan bilavur.

U battar oʻngʻaysizlandi:
— Bitirganimizdayam kim boʻlardik?!
— «Kim boʻlardik» nimasi! Boshingda shapka, qoʻltiqda papka — kirmay koʻrsin-chi gapka!.. — deb kuldilar, — Oʻkumat onasini necha qoʻrgʻondan koʻrsatarkin?!.

Qarab tursam, pochcha Olim akamni pichoqsiz soʻyib, jon joyidan olayotgan ekanlar. Shuning uchun u oʻtirolmay qolgan ekan. Axiyri, choʻkkalab:
— Shuning uchunam... tashlab keldim oʻqishlarini, pochcha! — dedi, xursandmisiz endi, deganday zoʻrma-zoʻraki iljaydi.
— Yoʻgʻ-e...
— Ha-da...
— Butunlayin-a?
— Butunlay.
— Xayr-xoʻshsiz-a?
— Xayr-xoʻshsiz.
— Balki qidirib kep qolishar?
— Kelmaydi.
— Anoyi ekanda ular?..
— Boʻlmaganda nima? Istamadim.
— Uni qara! jiim qoʻyvorvuribdi-da?
— Qoʻyvormaganda nima?! Qulmanmi men?
— Balki quvvorgandir oʻzlari...
— Quvadi?
— Ha-da. Hammani qoʻyib xalq dushmanining bolasini oʻqiti-ib qoʻyadimi oʻkumatlikka? — Pochcha burunlarini bir chiroyli jiyirib, soqollarini silab koʻydilar va koʻzlari quvnoq chaqnab, kuldilar. — Qoʻldoshxoʻja shoxida yursa, ular bargida chopqillaydi. Sen iima devotuvding. Qiztaloqning kitopini oʻqimapsan x.ali.

Olim akam pochchaning bu soʻzlariga quloq osib turib:
— Topdiz-a, pochcha, — dedi kulib kutilmaganda, — pattamni qoʻlimga tutqizvorishdi.
— Yoʻgʻ-e? — Pochcha bu gapning tagida bir nimani sezib, quvlik bilan koʻzlarini qisib qaradilar. — Hammani qoʻyib seni ayabdi-da?
— Ayamaganda nima? Men kim boʻpman?
— Jinqarcha!
— Ha-da.

Pochcha oʻsha-oʻsha quvlik bilan kulib turib, bosh chayqadilar.
— Lekin bularga urugʻiyam bir, aymogʻiyam bir. Dushmanning katta-kichigi yoʻq ularga. Seni osonlikcha koʻyvormasa kerak edi.
— Dahmaza deb bilgandir-da, — dedi Olim akam beparvogina. Ammo yuzida allaqanday xavotir bir balqib, yoʻqoldi.
— Hazir boʻl, yoshing yetib turibdi. Akangdan avval zingʻillatib qolmasin tagʻin.

Olim akam xontaxta qirrasini hardamxayol siypaladi. Dami ichiga tushib ketdi. Oshxona bilan supa orasida kuymalanib yurgan oyim bu gapni eshitib, beozor koyib berdilar:
— Nafasingizni yel olsin, pochcha, Sultonmurodning qadamini oʻlchab yotishgani kammi?
— Qorasini koʻrsatmay qoʻygani shundanmi hali? — Pochcha qayrilib qaradilar. — Bugun kelishi ham dargumon deng, Salomxon?

Olim akam yalt oʻgirildi:
— Akam keladimi?
— Keladi, nima edi? U talmovsiradi:
— Orqamdan bitta-yarimtasi ergashib kelgan boʻlsa, kasrimga qolmasalar edi, — dedi gapini andavalab.

Pochcha miyigʻlarida kuldilar. Soqol-moʻylablarini tutamlab-silab, oʻzlarini tuzatgan boʻldilar.
— Sen undan xavotirlanmay qoʻyaqol. Uning poyloq-chiyu eshitar quloqlari son ming. Obloching Choʻlpon-otaning guzaridan oʻtmay xabari bunga yetadi. Keyin uch-toʻrtta melisayu askari choʻt emas unga! Yigitlari Boʻzsuvni qarorgoh tutib yotibdi. Sening otishmalardan xabaring yoʻq-da. — Pochcha bu gaplarni sinamoqqa aytdilarmi — bilolmadim, lekin qoshlarining tagidan zingil tashlab qoʻyganlarini koʻrib qoldim.

Olim akam esa, qoʻlidan piyolani qoʻymay, asta-asta choy hoʻplab, oʻzini beparvo tutib oʻtirsa ham, aslida, bu gaplarni jon-qulogʻi bilan tinglar edi. Oyim yelib-yugurib birpasda pipshrgan qovurma shoʻrvalarini yarim kosadan quyib keldilar. Tepa masjiddan azon tovushi eshitilib, oʻtirgan yerimizda jim qoldik. Pochcha xumdek boshlarini solintirib, ora-sira pichirlab qoʻyar edilar: sollalohu alayhi vasallam... La havla vala quvvata illa billohil aliyil aziym... moshaolloh, moshaolloh... Soʻng uzoq duo oʻqidilar-da, kosani sal surib, oʻrinlaridan qoʻzgʻaldilar:
— Men machitga chiqib kelaqolay, ovqatni keyin icharman, — deb tashqari yoʻnaldilar.

Oyim bir ish bilan ichkari kirdilar. Dahlizdan oʻtmaslaridan akam menga oʻgirildi.
— Rostdanam akamning yigitlari bormi?
— Bor, — dedim-u, tomoshaga borganimizdagi qorasoqolni aytmadim.
— Bir talaymi? Yelka qisdim:
— Bilmasam.

Kunbotardagi shafaqlar ham oʻchib, hammayoq birdan boʻzarib turib qoldi. Qishda boʻlsa, darrov shom qorongʻiligi choʻka qolar va pana-pastqamlarda, daraxt taglarida «askar toʻplab», moʻr-malaxday toshib chiqa boshlar edi. Hozir salqin tortgan ochiq havoda oʻtirish bir gashtli boʻlgan, yengil epkindanam rayhon islari gurkirab ketardi. U yelkamga sekin turtdi:
— Qurollariyam bordir? Aytgim kelmadi:
— Men koʻrganim yoʻq.
— Unda... pochcha nega vohma qilyaptilar? Quruq aravani opqochyaptilarmi yo?
— Kim biladi — ularmi, oblochilarmi? — deya mujmal javob qildim.
— Otishgan melisalar boʻlishi ham mumkin-ku?
— Mumkin.

U yogʻoch qoshiqni kosaga solib, ovqatni aylantirgancha uzoq jim qoldi va axiyri:
— Agar meniyam tinch qoʻyishmasa, ularga qoʻshilib kotaman, — dedi. Nega bunday dedi — bilolmadim.

Emizilmay qolgan buzoqning zorlanib-zorlanib ma’rashlari ham oʻchdi. Qoʻnogʻini yoʻqotgan qoʻshni toiuqning qaqogʻlab zir yugurishlari ham bitdi, qaybir soʻri yogʻochiga patillab uchib chiqib, u ham tindi. Ishkom ichidan toshib chiqqan shom qorongʻiligi rayhonzordan oʻtib, atrofimizni qamray boshladi. Yoz kechasining nagʻmachi chirildoqlari uygʻonib, nagʻmalarini boshladilar.

Pochcha ham qaytib keldilar.

Oyim ostonadan tushib kelib, qoʻllaridagi chiroqmi xontaxta ustiga qoʻygan edilar, birpasda atrofida parvona ham aylana qoldi. Keyin oyogʻimi, qanotimi mxtigina kuyib, agʻdarilib tushdi. Yonboshlab yotgan koʻyi bir qanotini ojiz tipirchilata-tipirchilata, tinchidi-qoldi. Oldilarida choy, tasbeh oʻgirib oʻtirgan pochcha pishillab qoʻzgʻalib, kuldilar:
— Obbo bachchagʻar-ey, bir kunlik umri bormi-yoʻqmi, shuyam oʻzini oʻtga-choʻqqa uradi-ya! Oxiri nima boʻldi? Voy boʻldi. Hukumat ham shu chirokday gap, oʻynashib boʻlmaydi!

Nimaga mengzayaptilar, desam, aka-ukaga tekkizib aytayotgan ekanlar.
— Alamzadalik yaxshilikka olib kelmaydi. Otamizni yoʻqotvorgan bu hukumatga boʻyin egmaymiz, deb kek sakdab yurgan oʻziga zulm qilgan boʻladi. Ajdaho-ku bu, istasa, nomu nishonsiz yutvoradigan. Moʻmin odam vaziyatni toʻgʻri baholay oladigan boʻlishi kerak emasmidi?
— Kim haqida gapiryapsiz? — dedi Olim aka xuddi anglamaganday.
— Akang haqida-da, kim haqida boʻlardi, — dedilar pochcha.
— Oʻzingiz chaqirib gapirib qoʻysangiz boʻlardi, bu ketishi yaxshilikka obormaydi, pochcha, — dedilar oyim xavotirli bir ohangda. — Bugun bir ot oʻgʻrisining jazosini berib, yurtning olqishini olar. Ertaga oblochiga yugurdak boʻlib yurganlarning adabini berar. Indiniga-chi? Kattalarga oʻtadimi? Kattabogʻni ulardan ayirib ololmaydi-ku.
— Hoʻ-oʻy, — deya gʻalati xoʻrsindilar pochcha, — sekinroq aytasizmi, Salomxon, sekinroq aytasizmi?! Menam nimaga chaqiribman u betovfiqni? Oʻzini oʻylamasa, boshqalar-chi? Butun urugʻimizni koʻchirmaga solib, bu yerlardan badargʻa etvorsalar yaxshimi? Mana shundan qoʻrqaman, kasriga qolmasalar edi deb qoʻrqaman...

Togʻam Oʻrniga Togʻday Himoyachi

— Qolmaydilar, pochcha, qoʻrqmang! Ular hayiqsinlar! Ular hisoblashsinlar, biz emas! Qachongacha qaltirab yashaymiz bu itlardan?!

Ishkom ichidan bahaybat jin chiqib kelayotgandek choʻchib tushdik. Qaltirablar ketdim. Sultonmurod akam rayhon arigʻidan hatlab, chiroq yorugʻiga chiqdi va birdan ukasini tanib, unga qarab yurdi.
— Iya, Olim, bormisan, jigar? Seni koʻrar kun ham bor ekan-ku!

U dovdirab qolgan ekan, alpon-talpon tura, oʻzini akasining quchogʻiga otdi.
— Akajon! Otam oʻrnida otajonim! — dedi ovozi qaltirab va oʻksigʻini tutolmay, yigʻlab yubordi.

Hammamiz bir holatda turib qoldik. Oyim yenglarini koʻzlariga bosib, chetga qaradilar. Pochcha zoʻr berib yuz-burunlarini ishqar, soqollarini silar, oʻzlarini alahsitar edilar. Bularning shu bir-birlariga singib ketgudek turishlari, ukasining boyagi oʻksib aytgan gapi koʻp narsalarni yodga solib yuborgan, ich-ichimizdan yigʻimi, alammi, hech kimning boshiga solmasin, degan bir achinishmi, shunga oʻxshash narsalarni toshirib chiqarar edi.
— Kel, boʻtam, oʻtiringlar, oʻrtamiz toʻlsin, arvohlar shod, Xudo madadkor boʻlsin. Yaxshi keldinglar ikkoving, — deb qistadilar pochcha.

Koʻrishib, oʻtirdik. Pochcha yana qoʻl ochib, duo qildilar. Oyim yelib-yugurib topgan-tutganlarini olib kela boshladilar. Men qozondagi ustiga likopcha yopilgan kosani Sultonmurod akamning oldiga keltirib qoʻygan edim, u xijolat tortib, oyimlarga qaradi.

Oyim urishdilar.
— Har kuni olib qoʻyaman, kelmaysan. Qayoqlarda yurasan nasibangni tashlab? Pochchaning oldilarida aytib olay.
— Yaxshimas, boʻtam, bularni xavotirga qoldirib, oʻzing tentirab... — deya tergagan boʻldilar pochcha.

Sultonmurod akam iljaydi:
— Voy, xola, qiziqsiz-a, ha men qatta ekanman? Koʻl uzatsa, yetadigan, huv desa, eshitadigan joydaman-ku. Chaqirib qoʻymaysizmi? Sizni asalday ovqatizni gopib boʻladimi?! — deb maqtay-maqtay icha ketdi.

Men uning Boʻzsuv shamollarida qorayib, ancha dagʻal tortgan yuz-koʻzlariga qarab oʻtirib, yanayam vahmim ortib boryapti. U xontaxtaning bir yonini egallab, koʻksini berib oʻtirgani uchunmi, yo aslida ham shundaymi, yelkalari kattalashib, qaddi-basti toʻlishganday, oʻzi ancha salobatli koʻrinardi. Rostini aytsam, Chilla chiqishi bilan kechalari salqin tushib, Qoʻldosh Togʻamning nosrang kitel-shimini kiyib olganidan, ustiga-ustak, oyogʻidagi etik uni harbiylargami, kimgadir oʻxshatib qoʻygan. U ovqatni xoʻrillatib ichib, kosani yalab qoʻydi.
— Ha, bu boshqa gap, hamma savobi shu kosaning tagida, kam boʻlmaysan, — deb maqtab qoʻydilar pochcha. Keyin soʻradilar: — Uyga moʻralab oʻtmadingmi, xolang eshik tiq etsa, ilhaq boʻlib oʻtirgan edi?
— Yoʻgʻ-a, shu yoqqa soʻratganakansiz, deb kelaverdim, — dedi akam sergak tortib. — Tinchlikmi?

Pochcha ogʻir qoʻzgʻalib, chuqur tin olgancha, «Hoʻ-oʻy» dgo koʻydilar.

Qay biriniyam aytay, senga?! Qoʻldoshxoʻja borida unga orqa qilarkanmiz hammamiz. Mana, endi bilinyapti.
— Hammasidan xabarim bor, — dedi u qoʻl siltab.— Togʻamday odamni yoʻldan oldirib tashlab, hammamizni bir elakdan oʻtkazmoqchi boʻlganlaridanam... kim pishang berganidanam... kim tuhmat xatini bitganidanam... Siz xotirjam boʻlavering. Mening hisob-kitoblarim bor ular bilan! — Akam ogʻirligini bir yonga tashlab, tirsagi bilan yastangan edi, xontaxta gʻijirlab ketdi.

Pochcha gapining oxirini yo eshitdilar, yo eshitmadilar. «Hoʻ-oʻy, yomon boʻldi, kutganimiz boshga keldi»lab turib, koʻzlarini yumib, xumday boshlarini saraklatishga tushdilar:
— Sekinroq aytasanmi, sekinroq... Bilmasakanmiz, Qoʻldoshxoʻja togʻday himoyachimiz ekan, chinorimiz ekan, qayirdilar uni... Hov, biz esipastlar, biz gumrohlar bilmaskanmiz. U bor edi, hech kim tegolmasdi! Yoʻlay olmasdi qoʻrgʻonimizga boʻrilar! Uni qamashdiyu balo-qazoday yopirilishdi. Barcha togʻalaringni bitta-bitta bosib, olishdi-ketishdi. Huvillablar qoldi qoʻrgʻonlarimiz. Hov, endi nima qilarkanmiz-nima qilarkanmiz? Pushti panohimizni qanday qutqararkanmiz?!. Pochcha soʻzlarmidilar, boʻzlarmidilar, tomogʻimizga issiq bir narsa qadalib, toʻliqib oʻtirar, piq etgan tovush chiqsa, qoʻshilib ketadigan alpozda edik. Ammo akamning mushti xontaxta ustiga gurs etib tushib, chiroq bir qalqib ketdi:
— Ey pochcha! Biz yerda yotgan xas emasmizki, har bitta oʻtgan-ketgan — itam-bitam tepkilab-tepalab oʻtaversa. Biz Ulugʻxoʻjaboyning avlodlarimiz! Oʻsha oʻris bostirib kelgandayam jim turmay, yoniga mergan oʻgʻillarini olib jangga chiqqan, pana-pastqamda qolib ketishdan shahidlikni ma’qul koʻrgan odamning nevaralarimiz! Qarab turmasmiz, axir!
— Oʻ-oʻ-oʻ! Nimasini aytasan! Zabunlikdan shahidlikni avlo koʻrgan buvalarimizning ruhini Tangrim oʻzi shod aylasin. Olgin-u, oldirmagin! Bosgin-u, bostirmagin! Togʻalaringning oʻrnigayam oʻzing himoyachimiz boʻlib yurgin, ilohim. Ammo, boʻtam, jigargoʻsham, men senga koʻngildagi bir gapni aytib qoʻyay: alamzadaning ishini qila koʻrma zinhor. Birovga yomonlik sogʻinmagin hech. Zulm — Oʻz oti bilan zulm. Shunday qilki, keyin birovlarning koʻzyoshi tutmasin seni! Qargʻay olmasin, Xudoga solmasin, boʻtam.
— Pochcha? Shoshmang! Menga qarang!

Kutilmaganda Sultonmurod akamning avzoyi buzilib, yuzi qorayib ketdi. Betoqatlanib, hatto choʻkkalab oldi.
— Men gapingizni eshitdim, siz ham eshiting! — dedi ilkis-ilkis bosh chayqab, — Alhamdulilloh, musulmonmiz. Hammamiz ham Xudoga xush kelmaydigan ish qilib qoʻymaylik deb yuribmiz. Lekin siz menga ayting. Dunyoning ich-ichini yana yomonlik, yana zoʻravonlik, fahsh, odamni qumursqacha ham koʻrmaydigan bir adolatsizlik egallab olaversa-yu, biz moʻminmiz deb jim turaversak? Siz nimaga chaqiryapsiz oʻzi? Yaia oʻsha zabunlik, zulmga rozilik, zolimga muteliknimi? Joningizga tegmadimi bunaqa murosa, bunaqa moʻminlik?
— Sen adashyapsan, bolam, — dedilar pochcha boshlarini koʻtarmay, boʻgʻiq ovozda. — Qiziqqonlik yaxshilik keltirmagan hech mahal.
— Xoʻp, siz oʻsha adashgan joyimni koʻrsating, ishontiring. Bosh egmasam, ayting keyin.
— Hisob-kitobni senu biz emas, Olloh qiladi.
— Qachon, biz oʻtib ketgachmi?
— Kimga shu dunyodayoq, kimga qiyomatda koʻrsatadi. Sen bilan bizga Uning hadlaridan chiqmay yashash buyurilgan.
— Lekin bu xoʻrlash-xoʻrlanishlar-chi?
— Imtihon bu...
— Tegma u kazzoblarga, dinini-diyonatini yutganlarga, deysiz-da?
— Unchalikmas-u, lekin... qadamingni bilib bossang yomon boʻlmasdi, — dedilar pochcha sekin zingil tashlab.
— Men nima qipman, nima qilib ulguribman hali?
— Sen qizishma. Qizishadigan boʻlsang, eshitmayoq quyaqol. Qaytib-la ketaver. — Pochchaning qoshlari uchib, jahllari chiqqani endi bilindi. U kishi shunaqa choʻrtkesar boʻlib qolarkanlar Qoʻldosh togʻamga oʻxshab.
— Xoʻp, ana, qizishmadim, — deb hovridan tushdi akam.

Oyim erkaklarning gapiga aralashmay qumtoshdek jim oʻtiribdilar, biz esa, kichkina tortib ketganmiz-u, quloqlarimiz ding.
— Sening bu tarz ishlaring... Xudoyimning hadiga toʻgʻri kelmaydimi deb qoʻrqaman, Sultonmurod. Jabrning javobi bor, axir! — dedilar pochcha boyagi-boyagi shashtlarida.

Sultonmurod akam ilkis qaradi, koʻkragi bir koʻtarilib tushdi. Ammo oʻzini bosib:
— Har qancha nasihatingizni jon deb eshitay, pochcha. Siz menga yomonlik sogʻinmaysiz, bilaman. Ammo bularning orasiga tushmang. Men ont ichib qoʻyganman, — dedi qat'iy.
— Ont?! Sen oʻzingga bunaqa erk berma, bola!
— Pochcha, siz u yaramasning ishlaridan yuzdan birini eshitsangiz edi!..
— Baribir, baribir! — U kishi xumday boshlarini saraklatib, eshitishni ham istamadilar. — Qaysi zamonda, qanday qonunlar ostida yashayotganimizni unutma sen. Urugʻimizni quritib yuboradi-ku bular. Kim bilan qasdlashayotganingizni bilasanmi oʻzing?!
— Undan chiqdi, undan chiqdi... — dediyu u yogʻiga gapira olmay qoldi akam. Tomogʻiga bir nima tiqilganday, gʻoʻldiradi.

Pochcha xiyla jaxdlaridan tushdilar:
— Mening bilganim shu qadarki, biz mazlum hukmidamiz, sabrdan oʻzga choramiz yoʻq.

Sultonmurod akam bosh chayqadi:
— Sabr deylik, mazlum hukmidamiz, deylik, ollohga tashlaylik, — dedi kesatib.
— Shariatga shak keltirma, bolam.
— Shak keltirmasam, axir shu shariatimiz qasosni halol qilmaganmi? Zulmni kesishning eng adolatli yoʻli qasos deb koʻrsatmaganmi? Oʻlimga — Oʻlim, jabrga — Oʻziga teng miqyosda jabr, degandek...
— Oʻ-oʻ, juda chuqur ketding-ku, bolam. Qasos hukmini bir oʻzing chiqarishga... haqqing bormikan? — dedilar pochcha peshona ostidan qarab.
— Haqqim boʻlmasa, qani oʻsha qozi?! Sizni tinglab, qasosga fatvo beradigan? Bormi?

Oʻrtaga jimlik choʻkdi. Pochcha xayolga tolib qoldilar. Sultonmurod akam esa kutyapti. Sinovchan-sinovchan qarab qoʻyadi. Chiroq piligi soʻxta tortib, chirsilladi. Qulogʻim ostidan gʻingʻillab uchib oʻtayotgan chivinki, xuddi muvozanatimdan chiqarib yuboradiganday jon halpida haydab soldim. Men bu tortishuvning koʻp jihatlariga tushunmayotgan boʻlsam ham, uning nihoyasiga qiziqib oʻtiribman. Qolaversa, akamga qoyilman: u shunaqa botir ekanmi, hukumatidan ham qoʻrqmaydigan!..

Sultonmurod akam vazmin tortib, qaddini koʻtardi:
— Qozi yoʻq. Soʻraydigan, surishtiradigan yoʻq. Iymonini yutgan bu jilovsizlar bilgan bildoqlarini qilib yuraversinlar, shundaymi?! Yurt oyoq osti, adolat bir pul, bu muttahamlarning aytgani aytgan, degani degan, shundaymi?! Odamlar xoʻrlansin, kelinlar er koʻrmasdan tul qolsin, qandaydir qalangʻilar iflos oyoqlari bilan birovning chimildigʻigacha bostirib kiraversin, shundaymi?! Yoʻq, pochcha, xalqimiz hali hamiyatini yeb bitirgani yoʻq! Yurtda toki bitta yigit or-nomus uchun kurashar ekan, demak, hali yurt boy berilmagan. Siz, shunda ham tek oʻtir, deysizmi?

Bahonada Sultonmurod akam ichida borini aytib olardi. Oyim quloqlariga ishonmay, shu oʻzimizning Sultonmurodmi, degan kabi hayratda oʻtiribdilar. Olim akam esa, yer chizib qolgan: gʻing demaydi, nigohini ham koʻtarmaydi. Pochcha pishillab, chuqur tin oldilar va eski odatlaricha «Ho-ov darigʻ»lab qoʻydilar, keyin achchiq kulib, dedilar:
— Buni dunyoi qoʻtir deb qoʻyibdilar, Sultonmurod! Har dengizning timsohi, har oʻngirning boʻrisi, har chakalakning yoʻlbarsi boʻlganidek, har mahalladan ham birda-bir shunaqa gazandasi chiqib turadi. Sen oraga tushmasang ham, oʻz oyogʻidan yitib, boshini yeb ketaveradi bular.

Sultonmurod akam nasha qilib, xandon tashlab kuldi:
— Obbo pochcha-ey, obbo opoqdoda-ey! Juda gʻalatisiz-da. Oʻn dahadayam topilmaydigan odamsizda — Keyin siporish tortib, pochchaga mehri tovlanib qaradi: — Sizga qolsa, shularning ham boshini silaysiz.
— Urgan qoʻl emas, silagan qoʻl kuchli dunyoda...
— Silashga arzimaydiganlarni qamchi oʻnglaydi, pochcha, men qamchindor boʻlmoqchiman.
— Demak, qaytmaysan?.. Hov, darigʻ! Shunchalikka borasan deb oʻylamagan edim hech. «Opoqdoda-opoqdoda» desang, magʻrurlanib, koʻkragimni koʻtarib yuraveribman...
— Opoqdoda! Opoqdodajon! — Akam shoshib qoldi.— U qotil, axir! Bahriddinning qotili!
— Qotil? Qaerdan topding bu gapni?
— Aniqladim, opoqdodajon.
— Yanglishma tagʻin.
— Yoʻq, opoqdoda. Bagʻriddinni otib, bu xonadonni toʻzgʻigan, yana tap tortmayin oʻsha uyga tushib, xolamlarni chirqiratib ketgan muttaham shu boʻladi!
— Boʻlsa bordir, boʻlsa bordir. Lekin men uni debmas, seni deb aralashdim ishingga, bolam. Olov boʻlib yonyapsan-u, boʻlak narsani koʻrmayapsan. Alamzadalik koʻzingga parda tashlab, oʻchdan boshqani koʻrsatmay qoʻyibdi.
— Hatto otang uchun ham achinma... deysiz-da, — dedi akam ogʻir xoʻrsinib.
— Shahidlik martabasiga, bilsang, hamma ham yetavermaydi. Xudoyim oʻzi suygan bandalariga beradi bu ne’matni, — dedilar pochcha yuzlari allaqanday yorishib kelib. — Abdurahim eshon pochchaday odam shu ne’matga loyiq koʻrilganini qani endi hamma anglab yetolsa...

Shu tob koʻchada hushtak yangrab, hammamiz jimib qoldik. Faqat hech narsadan xabari yoʻq Olim akam aftimizga angrayadi-tikiladi, tushunolmaydi. Choʻlpon-otaning guzariga oblochining qadami yetishi bilan bu yoqqa oʻziga xos «chopar-hushtak» ketishini, bu hushtakni har burchakda oʻynab yurgan poyloqchi bolalar ilib olib, boshqasiga oshirib yuborishini u qaydan bilsin.

Akam jilishga taraddudlandi:
— Shunaqa, opoqdodajon, men uning aybini boʻyniga qoʻyib qoʻyganman, shu jazoga mustahaq u! Xafa boʻlmaysiz, biz uni tuyaqopga tiqib tashlaganmiz! Ajratibam boʻlmaydi. Shu kafanda ketadi endi. Xalqni zir titratib yurganlarning jazosi shu! — dedi u boshqa e’tirozga oʻrin qoldirmay va oʻrnidan turdi. — Hay, men boray...
— Voy, qiziq boʻldi-ku, boshqa kelasanmi? Shunaqa kirib turasanmi? — deb oʻtindilar oyim.
— Kelaman, bafurja oʻtiradigan boʻlib kelaman, — deb va’da kildi va jila boshladi.

Men shoshib qoldim: aytadiganimni aytib qolishim kerak-ku, axir! Oyogʻining tagida oʻralashib borib, qoʻshni devorning pastak joyiga yetganida, tirsagiga tarmashdim:
— Aka, sizga gapim boriydi, birovning gapi, — dedim yarim shivirlab.

U meni bagʻriga tortdi. Egnidan ter bilan yertoʻlalarda boʻladigan bir hid gurkirab kelar edi.
— Ha, pakana pari? Nima gap ekan, ayta qol? — dedi u erkalab.

Men uning boʻyniga osilib, qulogʻiga shipshidim:
— Margʻu kennoyim...
— Xoʻsh-xoʻsh? — dedi u allaqanday garangsib.
— Odam yubordilar. Ikki martadan.
— Nima boʻbdi? Tinchlikmikan?
— Bilmasam, soʻratib yotibdilar.
— Sovchilar deydimi yo toʻy? — dedi u qiynalib.
— Sovchilar, shekilli.
— Xoʻp. — U yelkamga qoqib, bir hatlashdayoq denordan oshib oʻtdi.

Shu mahal Olim akam yugurib kelib, orqasidan u x,am devorga tarmashdi:
— Aka!

Qoʻshnining ishkomiga yetib ulgurgan Sultonmurod ham qayrilib toʻxtadi:
— Nima deysan, Olim?
— Akajon! — dedi u toʻliqib. Akam ishkom ichidan qaytib chiqdi:
— Sen qoʻrqma, senga tegmaydilar. Teginsalar, etlarini bittalab shilib olaman...
— Akajon!.. — dedi u yana qandaydir iltijo bilan.
— Nima deysan, ayta qol tez.
— Ola keting meni ham, — dedi u hech kutilmaganda.
— Aytdim-ku, jigarim.
— Jon aka, — deb yalindi Olim akam devorga qapishib.

Sultonmurod akam biz tomon ikki qadam yurib, dovor qarshisiga keldi va qoʻlini choʻzib, uning boshini siladi.
— Xoʻp, jigarim, xoʻp, — Soʻng shoshib shivirladi:— Hozir boʻlib tur, ola ketishadi. Faqat, eslab qol: oʻronimiz — assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh.

Olim akam tushunmadi chogʻi, yana talpindi:
— Kim keladi? Kim dedingiz?
— Yigitlarim. Sen tayyor tur.

Sultonmurod akam burilib, ishkom ichiga kirib ketdiyam tepa tomondan otlar dupuri koʻtarilib, tuproq koʻcha bilan biz tomon shitob yaqinlashib kela ooshladilar. Vo ajab! Koʻcha pastlab qayrilgan joyda tuyoq ovozlari ham susayib, yoʻq boʻlib ketar, xiyol oʻtmay, bu burilishdan gumbirlab chiqib kelar edi.

Uzogʻi bilan besh yo oltita otliq. Ammo vahimasi olamni buzadi, qirq-ellik ot dupir-dupir, dupir-dupir bilan kelayotgandek. Buning shovqiniga itlar ham qoʻshilib, akillab yubordilaru butun Kattabogʻ vahima ichida qoldi.

Kimning shoʻrini quritib, biz tomonga oblochi bosib kelyapti ekan? Yo akamni sotganmilar? Sotayotganlar bormi? Men bu xayoldan qoʻrqib, titrab ketdim. Ammo kichkina akam, Olim akam joyidan jilmay, devorga qapishib tursa-da, qulogʻi koʻchada edi. Kim bular, Maqsud, deb soʻrab qoʻymasdi...

Uchinchi boʻlim

(Muqaddima Davomiga)

Biz ham turnalarga oʻxshab, yurtimizga har yoz uchib kelib, har kuz koʻchib ketib yurgan kezlarimiz... Butunlay qolishga boshpanamiz yoʻq: eskisi buzilib, yangisini bitira olmaganmiz. Qolaversa, ishxonadan ta’tilga zoʻrgʻa ruxsat tekkan. Qishlab qololmaymiz, kuzga borib, issiq oʻlkalarni koʻzlagan oʻshal qushlar misoli Fargʻonadagi muvaqqat goʻshamizga uchib ketib yurgan kunlarimiz...

Bir tutam qish kunlari ish bilan, yugur-yugur, idora yumushlari bilan oʻtadi-ketadi. Ammo uzun qish kechalarining oʻtishi qiyin. Kechalari imoratni qanday bitirib olarimni, qachon koʻchib borarimizni oʻylab, uyqularim qochib ketadi. Yolgʻizqoʻllik qursin... Uzoqning ishi qiyin ekan. Qolaversa, chumchuqning ham ini buzilmasin, hech kimning boshiga vatan qaygʻusi tushmasin ekan.

Men-ku kunduzi ish bilan alaxsib ketaman. Oyim-chi, oyim? Kun sanab, hafta sanab oʻtiradilar. Qish chiqa qolsayu tezroq ta’tilimnimi, ruxsatimni olib, joʻnab yuboraqolsak. «Borib olsak, yigʻlab-siqtab bitirib olarding. Eshik-romini oʻrnatib, qora suvokdan chiqarib olsang, tursa boʻlar, Maqsudxoʻja», deb eslatganlari-eslatgan. Qistaganlari-qistagan. Ertaminangi choyda ham shu gap, kechqurungi ovqat ustida ham shu gap. Mavzu aylanib shunga taqalib kelaveradi.

Bilaman, oʻz yurtimizga oʻxshatolmayaptilar. Boʻlmasa, Shohimardonlarni koʻrdilar, Oʻshotalarga opchiqdim, Bobur mirzoning yurtlariga borib keldilar. Qoʻqonni, Chudoyorxon saroyini koʻrsatdik. Mirzakarim qutidor, Oftob oyim, Kumushlarning yurti Margʻilonni ziyorat kildilar necha bor. Nodirabegim qissasini, Oloy malikasi — Qurbonjon Dodxo tarixini fargʻonaliklarning oʻz ogʻizlaridan eshitdilar. Ularning mashrabxonlik, xaziniyxonliklarida boʻldilar. Kelin uzatib toʻylariga chiqdilar. Baribir hech birini oʻzimizning Yakkabogʻu Kattabogʻga oʻxshata olmasdilar. Oʻsha yoqqa intiqqanlari-intiqqan edi. Bilmadim, xolalarimni soknnarmidilar, togʻalarim koʻz oldilaridan ketmasmidi. Ishqilib, bahor kelib, kunlar ilib ketishini kutganlari-kutgan. Soʻng, qachon bilet opkelasan, deb soʻraganlari-soʻragan. Poezdda yurishni yoqtirmaydilar. «Ho-ov, qachon tong otadiyu qachon yetamiz! Undan koʻra anuv samoloʻtingga bilet opkelaqo. Zuv etadiyu yetadi», deydilar. Osmonda miq etmay borsalar ham oʻsha tuzzuk ularga. Tezroq yetkazarmish sogʻingan goʻshalariga...

Shundan ham bilamanki, turnalarga maza! Ular bahor nasimlari gʻuv-gʻuv esib, tol novdalariyu mirzaterak uchlariga osilib halinchak ucha boshlashlari bilan suygan diyorlari tomon otlanib qoladilar. Ularni hech kim, hech narsa toʻxtata olmaydi. Na momaqaldiroq, na bevaqt jala toʻsiq boʻladi, na qorli togʻlar. Vaqti-soati yetishi bilan argʻamchilarini solib, emin-erkin uchib ketaveradilar.

Biz-chi, bizga ruxsat kerak. Biz qushlardek erkin emasmiz. Tepamizda idoramiz, firqamiz, boshliqlarimiz bor. Ularning iznisiz qayoqqa ham borardik! Shu chor tarafi togʻlar-la oʻralgan vodiy ichidagina erkinmiz. Undan u yogʻiga bir qadam jilolmaymiz. Jilsak, Toshkentdan qidirib qolishlari bor. Men esam, intizomni buzolmayman. Oyimning koʻngillariga qarab ketvorolmayman. Nima qila olasiz, xizmatchilik...

Nihoyat, Toshkentdan ruxsat tegib, chiptaga chopaman. Oʻsha kuni Fargʻonadagi muvaqqat qoʻnogʻimizda bayram boʻlib ketadi. «Ketarkanmiz, yurtimizga borarkanmiz», deb boshlari — bir yerlarga yetadi. «Hay, yaxshi boʻldi-da. Shu gal borishingda suvoqdan chiqarib, polini eplashtirib olsang, qolaverarmidik. Sen boshliqlaringdan soʻrashga iymansang, oʻzim boraman. Menga yoʻq deyisholmas. Xoʻp deyaver, Maqsudxoʻja. Senam qiynalib ketding», deb yonimga tushmoqchi boʻladilar. Ishqilib, oʻzlariga qolsa, bu yoqlarda bir kun ham turgilari yoʻq.

Biz toʻgʻri Poshsha opamlarnikiga borib tushamiz. Yarim kechaga dovur gangur-gungur, keldi-ketdi, esla-shuv davom etadi.

Vo-oh, diydor shunaqa shirin boʻlarkanmi?! Sogʻinchi shunaqa tuganmas ekanmi?! Samovar necha qayta qaynatib kelinar ham, dasturxon necha bor yangilanar ham — gapimiz ado boʻlmaydi.

Nihoyat odamlar necha uyquni olib, oldi xoʻrozlar qichqira boshlaganida chiroqni oʻchirib yotamiz. Yotamiz-u, koʻzga qani uyqu ilinsa, asta-sekin yana gapga tushib ketamiz. Eski hovli-joylarimiz, jannatdek bogʻlarimizdagi har bittasi piyoladek oq shaftolilaru kuzga borib asal tortib ketadigan kadi noklarimiz haqida eslab ketamiz. Endi ular biz uchun ertakka aylanib boʻlgan. Endi doʻppidek uchastkamizda unaqa bogʻlar yaratishimiz dargumon...

Gap u bogʻlardagina emas. Qani edi bir umr shu diydor sogʻinchini yoʻqotib qoʻymasak. Shu aziz hislardan ham judo boʻlib qolmasak. Afsuski... bular barchasi bir kechalik ekan. Imoratga unnab ketgach, hammasi shirin xotiraga aylandi-qoldi. Oʻtirib, ikki ogʻiz gaplashish qayoqda!

Bari tashvish mening boshimda: loy qor, somon top, ustani aytib kel, qarashib yubor... Qora suvoq degani shunaqa bemaza ishligini shunda koʻrdim! Ertadan kechgacha loydan chiqmay iylaysan, yana «bu gʻoʻrashaga nima bor?» deb usta loyni ustingga otib qoladi oʻdagʻaylab, Nihoyat, chala-yarim qora suvokdan chiqqan ayvonga yengil-elpi koʻchib kirdik. Hali tuzukroq zinamiz ham yoʻq. «Doʻqi-doʻqi»lab — tili chiqib, yurib ketgan Zilolamiz ostonadan osilib tushib, burganzor orasidan qoʻshninikiga pildirab qoladi-da, hech qancha oʻtmay qoʻlida bir vosh uzummi, nokmi koʻtarib chiqadi. Biz yoʻlini topib chugʻurlab yurganidan xursandmiz, u Rixsi opoqiga salom qilib, shirinkoma undirganidan... Yeb bitirsa, biz «uyat boʻladi»laganimiz bilan, qiqir-qiqir kulganicha yana oʻsha yoqqa qochib qoladi.

Ishqilib, shunaqa loy-tuproqqa qorishib yotgan kezimiz. Somon suvoqning achimsiq hididan koʻngillarim ozib, qochib ketgilarim keladi. Bundan hovliga chiroq oʻrnatib, yarim kechagacha zambilgʻaltakda oyimning uylariga tuproq tashiganim afzal edi. Ammo loy tugamay qayoqqa boraman!

Nihoyat, suvoqchini ham joʻnatib, tuproqdan ham qutulib, chiptaga oʻtib kelsam, ayvonda bir xontaxta boʻlib mehmonlar oʻtirishibdi. Uy muborakka qoʻshnilar chiqishibdimi desam, pochchayu togʻalarim ekan. soʻrashib, qavatlariga oʻtdim.
— Horma, jiyan, ish degan bundoq boʻpti. Buyursin, chiroyli uylar chiqibdi, — dedilar Kenja togʻam tizzalaridagi katta kitobning betini yopmay.
— Siz qaynotasi Abdushukurxoʻjaning koʻzi bilan koʻring, — dedilar Nusrat pochcha yarim hazil, yarim chinga olib, — «Kuyavimiz bir imorat solibdi, bir imorat solibdi — koʻkrakdor qilib, peshtoqli qilib! Bekorga fargʻonalik ustalarni topmagan ekan. Xudoyorxonning saroyidan andoza olganmi», deb maqtashlarini eshitsangiz...

Oyim, togʻalarim kulishdi. Men uyalib, yer suzdim. Lekin ich-ichimdan bir gʻurur tuyyapman. Qolaversa, kechagi kelganlarida pastdagi temir karavotga joy qilgan edik. Oʻsha yerda oʻtirib, imoratimizning peshtoqlariga, ravoqlariga suqlanib-suqlanib tikilayotgan edilar.
— Shu yerda tup qoʻyib, palak yoysin. Bizdan keyin chirogʻimizni yoqib oʻtirsin, ilohim, — dedilar oyim.

Sezdim: tokay shaharma-shahar tentiraydi, demoqchilar. Ichimdan qirindi oʻtdi. Chipta olib kelganimni endi qanday aytaman? «Meni tashlab, oʻzing boravur», deb qolsalar nima qilaman, axir?

Hozircha indamay qoʻyaqoldim. Lekin yana shu haqda gap ochib qolmasalar edi, deb bezillab turibman.

Shunda Nusrat pochcha jonimga ora kirdilar:
— Oʻqing, Kenjaxoʻja, qoʻlingizdagi xazinadan ozgina bahramand boʻlib qolaylik, — deb qoldilar.
— Boyagi gap-chi! — dedilar Kenja togʻam.
— Gap qochmaydi, jiyan shoʻtta-ku.

Tushundim: oʻrtada bir narsani muhokama qilib oʻtirishgan-u, men kelib, toʻxtata qolishgan. Ammo Qoʻldosh togʻam kutilmaganda:
— Jon pochcha, Xudo xayringizni bersin, shu ishga jiyanni aralashtirmang! — deb qoldilar.
— Ha, ana, aralashtirmasam-aralashtirmadim... Xoʻp, dedik-ku, togʻalari...

Pochcha shuncha yumshoq gapirganlari, qoʻllari koʻksilarida, qayta-qayta bosh silkiganlari bilan, ogʻringanlarini baribir yashirolmagan edilar. Hammasi oʻsha bir ogʻiz «togʻalari» degan soʻzda sezilib qoldi.

Bildimki, pochcha uncha-muncha gap bilan kelmagandir. Togʻam esa negadir meni ayayaptilar.

Kenja togʻam xontaxta ustidagi ochiq kitobni oʻzlariga yaqin tortdilar, koʻzlariga tushmadi shekilli, yana boyagiday tizzalariga olib, tagidan qoʻshqoʻllab koʻtardilar-da, endi hech kimdan izn kutmay oʻqishga tutindilar:
— «... Mahshari ajoyib boʻlmish bu Yerni oddiy bir hayvon kabi oʻldirib, yana tiriltirayotgan va uni insonu hayvonga yoqimli bir beshik, goʻzal bir kema qilgan, Quyoshni ularga shu mehmonxonada yorugʻlik beruvchi va isituvchi bir chiroq etgan, sayyoralarni malaklariga tayyora qilgan Zotning...»
— Ho-ov, tasanno! — deb yubordilar pochcha. Boyagi dilxiralik oʻrtadan koʻtarildi-ketdi.
— Yetkazib aytibdi ammo. Oʻqing, Kenjaxoʻja, davom eting.

Kenja togʻam shirin kulib, yana kitob ustiga engashdilar:
— «... Shunday zotning bu daraja muazzam hokimiyati, albatta, faqat bunday oʻtkinchi, davomsiz va bebaqo dunyo ishlari ustidagina qurilmas va turmas. Demak, unga shoyista doimiy, bezavol bir boshqa diyor bor. Boshqa boqiy bir mamlakat bor...»
— Bor, bor. Doimiy bir sayrgohi, sayrongohi bor! Mukofotgohi bor. Jannati na’imlari, zindoni johiymlari bor. Ollohimning va’dasi haq, — deb yubordilar pochcha boyagiday ta’sirlanib. Butun hayajonlari tillaridan yuzlariga qalqib chiqdi, choʻntaklarini kavlab roʻmolcha izlab qoldilar.

Qoʻldosh togʻam sekin engashib soʻradilar:
— Tafsirmi, Kenja?..
— Tafsir, tafsir. Xashr tafsiri. Oyimning koʻzlari namlandi.
— Oʻshal jannatlarining soyasiga arzimas bu dunyoga mahliyo qolgan boʻlsak, yoʻqotdik deb achingan, topdik deb quvongan boʻlsak, oʻzi kechirsin, — deb duo qildilar.

Shunaqa. Oyim Kenja ukalarini bekorga yoʻqlatmaydilar. Ba’zan-ba’zan u kishidan kitob oʻqitib eshitgilari kelib qoladi. Shunda bukchaygancha kaftlarining ustini silab oʻtirishlarini koʻrsangiz: «quloqlari bu yoqda, xayollari boshqa olamda. Ertani, oxiratni, oxiratda ato etiladigan joyni... Oʻylab ketgandaylar...

Togʻam esa, issiqlari chiqib yotib qolmasalar, oyoqlari orasidan shamol oʻtib tursa, bas, masjiddan beri kolmaydilar. Namozdan qaytayotib esa, «Opa, yaxshi oʻtiribsizmi?!» deb kunda, kunora bosh suqib oʻtishlari bor. Ba’zan shunchaki gaplashib oʻtirib ketadilar, koʻpincha kitob oʻqib berib, shu yerdan yana masjidga joʻnaydilar.

Usta bogʻbonliklarini aytmaysizmi. U kishi kesgan-parvarishlagan toklar shigʻil shoʻralab beraveradi. Noklari hosildan qolmay, shaftolilari asalga sshlanib, kuzgacha ogʻizga tegadi.

(Shu togʻamiz qarib-churib, gandiraklab qolgunlaricha ham masjiddan beri kelmadilar. Oyoqqa turib olsalar, bas, koʻchaning oʻrtasiga tushvolib, jamoatga joʻnab qoladilar. Ba’zan necha yerda toʻxtab, nafas rostlab yetib boradilar. Ba’zan esa, birovlar qoʻltiqlab, olib borib qoʻyadi. Shunaqa, namozga polvon edilar. Yana shu hollariga gandiraklab-sandiraklab oyimni koʻrgani chiqadilar. «Opa, yaxshi oʻtiribsizmi?» degan ovozlarini eshitganimdayoq men chopib borib, darvozaxonadan yetalab kelaman. Oʻzlari zoʻrgʻa turib-oʻtiradilar-u, oyimga oʻtirgan holda namoz oʻqish tartibini tushuntiradilar. «Shunaqa qiling, opa. Sizni-ku oyogʻingiz yozilmayotgan ekan, har odamlar borki, qimirlayolmaydi, oʻngarilolmaydi. Ammo oʻshalarga ham namoz shart. Namoz shunaqa ulugʻ narsa», deb qoʻyadilar.

Shu togʻam bir kechasi gʻalati tush koʻribdilar. Shundan keyin ogʻizlariga ushoq olmay qoʻyaqoldilar. «Ha, togʻa?» desak, «Tushimda bir yoʻla ikkita non yeb qoʻydim», dedilar. «Nima boʻpti, tushga nimalar kirmaydi?», deb Qoʻldosh togʻam koyidilar. Ammo u kishi: «Ioʻq, men rizqimni yeb bitiribman», deb shu yotgancha plamdan oʻtdilar. Endi bilsak, u kishi biz bilmagan koʻp narsalarni ayon koʻradigan avliyo ekanlar. Xudo hammalarini chiroyli etib, rahmatiga olgan boʻlsin, ilohim.)

Togʻam kitobni yopdilar-da, tokchaga olib qoʻyarkanlar, menga ma’noli qaradilar.
— Sen charchagan odamsan, jiyan. Imorat ishi osonmas. Endi pochchaning dardlarini eshit-da, biz turnylik,— dedilar muddaoga koʻchib, — Toʻgʻrimi, pochcha?

Pochcha kalovlanib bir menga, bir togʻamga qaradilar.
— Kenjaxoʻja, juda gʻalati odamsiz-da, — dedilar nihoyat pishillab, — boya nima devotuvdingiz?
— Haliyam aytaman, Xudoning xohlagani boʻladi, Asrayman desayam, oʻzi biladi, xor qilaman desayam... Bilsangiz, olamning yetti qavati mozor. Dud chalingan kunda Xudoyimning qudrati bilan har qarich yerdan lak-lak odam bosh koʻtarib chiqib kelavuradi Mahshargohga...
— Koʻrib turib, oyoqosti qilib, toptatib qoʻydirmaydi-ku odam! — dedilar pochcha qizishibroq, — Oʻldi-yitdi degani emas-ku, axir.
— Shunaqa, lekin zamonlar kechib mozorlar tekislanib, odam yetti qavat tuproqqa aralashib ketganida ham yoʻqolmaydi. Insonning churimaydigan joyi bor. Oʻsha dumgʻazasidan tiriltirib oladi, bilsangiz. Paygʻambarimizning (s.a.v.) shunaqa hadislari ham bor-ku, axir .
— Men ham shak keltirayotganim yoʻq bunga. Lekin sizlar oʻylangiz oʻzingiz. Shunday jannati joylarimizni, bogʻlarimizni tortib oldilar, indamadik. Ha, kerak ekan, dedik. Oʻzimizni har yoqqa sochib yubordilar, indamadik. Endi mozorlarimizni oyoqosti qiladilarmi? Koʻzimiz ochiqligida shunchalik, keyin nimalar boʻlmaydi?!

Bu gapni eshitib, mening ham sochim tikka boʻla boshladi.
— Nima qilyaptilar ekan? — dedim nafasim boʻgʻzimga tiqilib. Yuragim gurs-gurs urishga tushgan edi.
— Ha, yoʻq, bir-ikkita mozor yoʻlga tushgan ekan,— dedilar Qoʻldosh togʻam meni hovurimdan tushirishga urinib, — Hukumatti katta piloni boʻladi. Oʻsha pilonisiz bir ish bitmaydi. Koʻcha ochilayotgan boʻlsa...

Pochcha chidab turolmadilar:
— Hoy, Qoʻldoshxoʻja, siz ham oʻshalarning ashulasini aytyapsizmi? Hamma-hamma, sizga nima jin urdi?
— Menam taraflarini olayotganim yoʻq. Maqsudxoʻjaga tushuntiryapman, — dedilar Qoʻldosh togʻam. — Ne umidlarminan oʻsha yerga ishga kirgan. Qolavursa, buning gazetida chiqarishmaydi unaqa narsalarni, chalgʻitmang bolani.
— Menam gazetaga yozsin devotganim yoʻq. Ikki varoqqina xat bitib berar, deb kelganim...

Qarasam, pochcha azza-bazza xafa boʻlib qolyaptilar. Avvalo piyolani chetga surib qoʻydilar. Oʻzlari esa, dasturxondan surilib, devorga suyangancha, tumtayib oldilar. Hech kimning betiga qaragilari yoʻq.

Oyim ham bosh egib, kaftlarini silab oʻtiribdilar. Bu nozuv masalaga aralashgilari yoʻq. Pochchani desalar, men borman, meni desalar, u kishi... Kenja togʻam esa, iljayib choy hoʻplaydilar. Goʻyo qachon bandasining aytgani boʻlibdi, Xudo nimani xohlaydi, kim bilardi, demoqchidek...
— Xat desangiz — xat, gazetga desangiz — gazetga ozib beray. Lekin tushuntirib ayting, oʻzi nima gap? — dedim axiyri.

Pochchaning yuzlari yorishib kelib, soqollarini tutamlab-siladilar.
— Ha, bu mardona gap boʻldi. Oʻldirsayam, mard oʻldirsinda odamni. Qachongacha soyamizdan ham qoʻrqamiz? Dunyoda bitta qoʻrqqulik zot bor. U ham boʻlsa, Olloh. Qolgani uch pul, toʻgʻrimi, Kenjaxoʻja? — dedilar endi koʻksilarini toʻldirib nafas olgan odamday.
— Nima toʻgʻri — Oʻsha toʻgʻri. Lekin Xudodan qoʻrqmagandan qoʻrq, degan gap ham bor, pochcha, — dedilar Qoʻldosh togʻam soʻzlaridan qolmay.
— Endi unisi sinov. Boshga tushganini koʻz koʻradi.
— Chiroyli sabr qilgan bandamminanman, degan Olloh. Oqimdan ham oʻzmaslik kerak, — deb gap qoʻshdilar kichkina togʻam.

Pochcha oʻsha tomonga norozilanib bir qarab qoʻydilar-u, lekin busiz ham qizib turgan olovga moy quygilari kelmadimi, pishillab menga oʻgirildilar.
— Xoʻsh, desang, gap bunday. U Yakkabogʻu Kattabogʻlarda manavi koʻch-koʻchlar, sur-surlar bilan sen bilan bizga tanish hech narsa qolmayapti. Na bir oʻr, na bir qir deganday. Na bir soy, na bir bogʻ deganday. U ochiq kitobning ikki betidek kungay yerlardan-ku «doʻm»lar qoʻziqorinday bodrab chiqib boʻldi. U koʻchalar qaysi bir uylar orasida qolib ketdi. Kenjaxoʻja aytganday, mayli, bu hammasi Xudoning xohlashi, qay bir gunohlarimiz uchun Olloh oʻrnimizga boshqa qavmni keltiryapti, deylik. Lekin bu degani indamay qarab oʻtiraverish kerak, degani emas-ku. Axir oʻtganlarda nima gunoh, mozorlarini oʻrab qoʻyish oʻrniga, saqlash oʻrniga, yoʻlga tushirib yotishibdi... Odamlarning qoʻllariga xalta berib, mozor ochdirishyapti, goʻrlarini koʻchirtirishyapti. Bir kami arvohlarni bezovta etishlari qolibdimi? Qanday jim qarab turib boʻladi bu ishga, jiyan? Iymonlilar bir chekkaga chiqib turaver-sin emish. Hamma ishni iymonsizlarga topshirib-a? Senam shunday oʻylaysanmi?

Ich-ichimdan bir qaltiroq turdi.
— Qaysi mozorni buzishyapti, Choʻlponotanimi? — deb soʻradim.
— Yoʻq. Choʻlponota-ku tinch hozircha. Bilsang, Besh-ogʻoch dahasining bu tomonida oʻntacha ulugʻ mozorat bor. Shulardan yettitasi yetti avliyo — yetti ogʻayni nomi bilan ataladi. Terakliota, Soʻgalliota, Ilonliota, Boʻzloqota deganday. Mana shular hammasi yo yoʻl ostida qolyapti, yo moshinapark, tramvaypark ichida qolyapti. Qoʻyib bersa, odam qoʻydirmay buzib yuborishadi. Sen oʻsha bosh pilonlarini bir qara. Minor ham yoʻl ostida yotibdi, Qozirobot ham... Bitta Qatortol koʻchasi tagiga nechta qabriston tushirib qoʻyibdilar. Hoy, deydigan odam bormi bundoq? Yo u joylarni nomi-nishoni, mozorati bilan tugatvor, degan topshiriq olganmilar Xudodan qoʻrqmagan bu loyihachilaring? Ikki enlik xat bitib ber, boradurgan joyimgacha boray. Opchiqib otdirib yuborishmas, axir.

Men Nusrat pochchaning shunaqa kuyib-pishib, oʻtirgan joylarida oʻtirolmay, hech kimning betiga qara-magancha, qoʻllarini paxsa qilib, silkiy-silkiy gapirganlarini koʻrmagan edim. Qarab turib, suyib ketdim. Ogʻir-vazmin odam bir lovullab yondilar, lekin tezda oʻchdilar ham. Bosib-bosib ikki piyola choyni ichvordilaru yana avvalgi hollariga qaytdilar-qoʻydilar. Goʻyo boshingni qotirvorgan boʻlsam, kechirasan, degan kabi tikilib:
— Mana, shunaqa gaplar, jiyan, — dedilar. — Biz qolmaymiz, ammo shu qabristonlar qolishi kerak. Ne-gaki, oʻsha yerda bobokalonlarimizning xoki-turobi yotipti. Oʻzlari yotipti goʻrlari jannat bogʻchalariga ochilgan darchaday boʻlib! Hatto, hatto oʻsha tilsiz turpalar ham har koʻklam uzoq yurtlardan uchib kelatu-rib, bu mozorlar ustidan shunchaki oʻtishmaydi. Har bittasini tavof qilib, aylanib-aylanib oʻtib kelishadi. Turnalarki tavof qilganida, biz buzdirib, qarab turishimiz qaysi shariatga sigʻadi?!
— Yugurganingiz bilan... kim quloq soladi? Ikki oʻrtada jiyanga jabr qilib qoʻymasangiz. Haliyam boʻlsa, bu shashtingizdan qayting, mutavalli.

Qoʻldosh togʻamning ham ba’zan qaysarliklari tutib qoladi. Bitta gapdan tiyilsalar boʻladi-ku, qayoqda. Sut bilan kirgan narsa shu ekan-da. Yana oʻzlari: «Bizni ado qilgan qonimizdagi shu qaysar johillik, boʻlmasa, koʻp aytuvli odamlar chiqqan», deb nasihat qilib ham qoʻyadilar.

Nusrat pochcha bagʻrikenglik bilan togʻamga kulimsirab qaradilar.
— Hisobchi xalqiga aybi yoʻq: qatiqni ham puflab ichadi ular. Lekin jiyanga oʻrgatmasangiz boʻlardi, Qoʻldoshxoʻja, shu hunarni. Niyatlarimiz katta undan. Sultonmurodlarning oʻrnini bossa deymiz...

Ho-ov, qayoqdagi gapni aytadilar! Sultonmurod akam boʻla olarmikanmiz biz?! Unday boʻlish uchun necha qovun pishigʻi kerak ekan? Balki bizdan umuman unday odam chiqmas. U bir keldiyu ketdi. Uningdek mard endi qayda!

Shu gapning ta’siridami, birdan pochchaga:
— Xat Sizdan aylansin, nega yozib bermas ekanman! — deb yubordim.
— Barakalla, otaoʻgʻil!

Pochcha oʻsha kuni yelkamga qoqib, bagʻirlariga tortib, peshonamdan oʻpib xayrlashib ketdilaru indiniga undan ham hayratlanib kelib qoldilar:
— vooy, Maqsudxoʻja, sen boʻlmading-da. Oʻz koʻzing bilan koʻrmading-da. Kenja togʻang avliyo ekan. Xudo asrayman desa, hech gap emaskan! — deb turib, bir chekkadan tushuntira ketdilar. — Boʻzloqotaga bordik. Egalariga xalta berib qabristonga chiqarishgan ekan. Goʻrlarni olib, koʻchani ochishmoqchi boʻlib, oʻntacha goʻrkovni ham opkelib qoʻyishibdi. Bitta ham ketmon ura olishmadi.
— Nima boʻldi?
— Sen avval eshit. Xudo bir harbiy odamni yetkazib, degin, u gap bilan kattalarni shunday tuzlay ketdi, tuzlay ketdi. Koʻz ochirmay qoʻydi hammasini, sal qolsa, mitingga aylantirvoray dedi yigʻinni. Axiyri, qochib qutulishdi. Men umrimda kattalarni gap bilan yenggan odamni koʻrmagan edim, oʻsha yerda koʻrdim. Xudo qoʻllasa, oson ekan: sherlar tulkiga ayla-nib, qoʻylar sher boʻlib ketarkan! Kenja togʻang haq boʻlib chiqdi. Boʻzloqota oʻrab qoʻyiladigan boʻlyapti. Faqat bizdan xat kerak ekan. Ollohning qoʻllashiniyu dunyoning ishlarini koʻr, jiyan...

Mushkullarni oson qiladirgan Oʻzi ekan-ku! Qoʻldosh togʻam eshitsalar boʻlar,di bu xabarni: aralashtirmang-chi, aralashtirmang, jiyanni ishi nozuv, deb yuribdilar...
— Xat boʻlsa, xat-da, — dedim men hayajonimni bosolmay. Koʻz oldimdan qadim bobolarimiz mozorlarini tavof etib-aylanib uchib oʻtayotgan turnalar kechdi. Nimagadir ichim toʻlib, koʻzim yoshlanib-yoshlanib kela boshladi.

Kechikib Ochilgan Janoza

Bu uzu-un ham baland imoratni uzoqdan koʻrganimdayoq ich-etimdan xoʻrlikmi, nimadir bosib kelavuradi, kelavuradi. Koʻcha devori nuray-nuray, adoi tamom boʻlayozgan. Sanqi itlar ham bemalol oshib yuradilar undan. Hammasidan — ochsa yopilmaydigan, yopsa ochilmaydigan darvozasi biram hayhotdekki, bu darvoza nimaga kerak deydigan odam yoʻq. Boloxonasida shamollaru ajinalar tunasa kerak, shunaqa valangor.

Qachondir u Yakkabogʻda eng oldi, aytuvli imorat boʻlgan, deyishadi. Oʻshandan beri bironta odam bunchalik uy solib, tomiga tunuka qoqtirolmagan, Mukarramxoʻja pochcha oʻsha oqposhshoning davridayoq solgan ekanlar buni.
— Sen u kishini es-es ham bilmaysan. Gurillab kelgan davlat shunaqa bexosiyat boʻlarkan. Mana shu saroydek uy, anavi katta bogʻ na oʻzlariga buyurdi, na Bahriddinginaga. Huvillab qolaverdi. Opam boyaqish esa, bu ahvol, — deb qoʻyadilar oyim.

U kishiga nima boʻlganini men yaxshi bilmayman. Koʻchirma qilinganmilar, badargʻa etilganmilar, mozorlari oʻsha yoqlarda qolib, bular qaytib kelishganmi— aytishmaydi. Faqat, pochchaning nomlarini ogʻizdan qoʻyishmaydi. Rahmatli koʻp yaxshi odam edi-yu, bitta aybi — qattiq edilar, deb eslashadi. Uzun kechalari Asol xolamlarni koʻrgani borganimizda oyim u kishining ruhi poklariga atab, albatta, Qur'on tilovat qilib qoʻyardilar.
— Rahmatli shu bogʻni qizgʻonmay berib qutulsalar, hech gap yoʻq edi. Qaysarliklari boshlariga yetdi, — derdilar oyim achinib.

Oʻsha kishidan qolgan imorat bugun tunukalari zanglab, ichlari huvillab yotibdi. Koʻcha tomonga — katta ariq boʻyiga ekilgan tollar necha yillardan buyon kesilmaganidan osmoni haftimga boʻylab ketganda, tunuka tomga yotib qolgan. Uning xazonlarini supirib tushadigan mard qani, belimdek keladigan ba’zi shoxlari allaqachon qurib, boshqalari tolbulduruq bogʻlab yotibdi.

Kattalar buyurib turishibdi, biz yelib-yugurib joy hozirlayapmiz. Hovlini yarim-yorti tozalab ulgurdik, Hammayoqdan, hatto kiyimlarimizdan gurkirab burgan hidi anqiyapti. Oʻziyam rosa urugʻ bogʻlaydigan narsa ekan; katta bogʻning ishkomigacha — allaqancha yerni tutib ketgani yetmaganiday, hovligacha ham chiqib boribdi. Yana biror yil hech kim qaramasa, ostonaga yetib olarkan. Toʻdalab-toʻdalab koʻzdan nariga — devor tagiga oborib tashladik. Yoqay desak, qurimagan, shigʻil-shigʻil urugʻ bogʻlab yotibdi. Bu urugʻlardan ming-million burgan unib chiqsa, ajabmas.
— Shunaqa, qaysi xonadonni Xudo ursa, burgan bosadi, — deydilar oyim.

Derazasiga adyol tutugʻlik kelinning uyini ham ochtirib, joy solib yuborishdi. Yaqinidan oʻtsangiz, ichkaridan huvillab, zax aralash mogʻor hidi uryapti. boʻlmasa, Margʻu kennoyim koʻchini ortib ketganiga qancha boʻla qolibdi?

Hoshiyasiga oq ipakdan ikki qavat suv yurgizib, bejirimgina gul solingan nosrang qiyiqni bellariga bogʻlab, darvozaning yonida, imoratdan chiqqan uzun choʻsin ustiga tashlangan koʻrpachada Nusratilla pochcha oʻtiribdilar. U kishi hadeganda oʻrinlaridan turib, hovlini bir aylanib keladilar. Oʻzlari betoqat keshnganlarini sezdirmay, bizni alqab-alqab qoʻyadilar:
— Ha, barakalla, toy yigitlar. Qoʻlingiz dard koʻrmasin. Binoyi dastyorlarimiz bor ekan, bilmaganakanmiz. Hali-zamon kelib qolishmasdan, boʻlaqolinglar, — deydilar va yana nechanchidir marta charm tiqini shokila-shokila qilib qirqilgan nosqovoqlarini koʻlga oladilar.

Anvarxoʻja togʻa bilan pochchaning kuyovlari Hojixoʻja aka ham shu yerda bel bogʻlab turishibdi. Rostini aytsam, ikki yumshoq bir boʻlib, haligi toʻsinning bir chetini egallashgancha, past-yarim tovushda bir-birlariga gap berishyapti. Bukchayib oʻtirvolishgan. Hojixoʻja pochcha tinmay birini biriga ulab chekyaptilar. U kishi gap berganda bu kishim boshlarini likillatib turadilar. Bu kishi gapirganda u kishim... Ikkita halim rosa topishgan payti. Tagʻinam Nusrat pochchadan istihola qilib turishibdi. Boʻlmasa, bir choynak choyni damlab, biron uyga kirib ketishsami, yarim xuftonda — chiroq yoqish lozim boʻlgach, chiqib kelishadi. Ungacha janoza ham oʻtib ketishi turgan gap.

Bizga ish buyurib, hali masjiddan taxta, hali choynak-piyola tashitayotgan davangirday Haybat aka jahli tez, qoʻpol koʻrinsa ham, odamroq ekan. Birpasda aralashib, yugur-yugurga tushib ketdi. Biz ham haybatidan hayiqib, aytganini qilib turibmiz.

Samovarlar qoʻyilib, joylar qilib boʻlindi. Oʻrindiqlarning qaybiriga koʻrpacha, qaybiriga yoʻl-yoʻl sholcha yoyib chiqdik. Koʻchayu yoʻlkalarga suv sepildi. Oftob peshindan ogʻib, soyalar uzayib boryapti. Nusrat pochcha zanjirli soatlarining qopqogʻini ochib, qaraganlari — qaragan.
— Hayalladi-ku bular, a, hayalladi-ku? — deb bezovtalanadilar.

Paranji yopingan ayollar oʻtishuvdi, ichkari hovlida (Haybat akam bitta xoda koʻmib, oq tuttirdi-da, u yoqni toʻsib berdi) «Voy jigarim»lab boshlangan yigʻi aytib yigʻlashga ulanib ketdi. Juda gʻalati edi bu: kim oʻrinlatib aytsa, oʻzi qolib boshqalar ora-orada qoʻshilishib, yigʻlar edilar. Hozir esa, ovozi Anvar kennoyinikiga oʻxshab ketadigan ayol xoʻb keltirib, aytib-aytib yigʻlar edi:

    Uylar qurib, huzurini surmagan,
    Toʻylar qilib, goʻshangalar koʻrmagan
    Jigarginam, voy, Bahriddin-ov...

Unga xolalarim qoʻshilib, joʻr boʻlardilar:

    Voy tomirim, voy boʻtam-ov,
    Voy hotamim, voy botirim-oy...

Anvar kennoyi bundan kuch olib, yana balandroq, yana kuyinibroq ayta boshladi:

    Ne umidman — atovdingiz qarogʻim,
    yoqarmi deb, chirogʻim —
    oʻylovdingiz, opajon.
    Tirnoq koʻrmay oʻtdimi,
    voy, Bahriddin-ov...

Xolalarim yana qoʻshilib, joʻr boʻlishdi:

    Voy tomirim, voy boʻtam-ov,
    Voy hotamim, voy nodirim-oy...

Koʻzlarimga yosh quyilib, yonimda (biz ariq boʻyiga tizilishganmiz) oʻtirgan Aliakbarni tirsagim bilan sekin turtdim:
— Asol xolam qay ahvolga tushdilar ekan?
— Shuni ayt, shuni. Ezvorishdi oʻzlari ham.

Lekin shu mahal ichkaridan bir gʻalati xirildoq ovoz yangrab, choʻchib tushdim. Aytib yigʻlayotganlar ham jimib qolishdi.
— Hoy, baloginaga yoʻliqqur, Anvarxon, hu tilginang kesilsin sani! Men toʻyga deb chaqirsam, sen nima deb javraysan? Koʻchaga qara, qudalarim kelyapti-ku, Bahriddinginamga kelin kelyapti, yashshamagur...

Hovlida battar qiy-chuv boʻlib ketdi. Aytib yigʻlaganlardan ham oʻtib tushdi Asol xolamning bu gaplari. Yigʻlamagan ham yigʻladi lekin.
— Kim qoʻyibdi unga, birovning uyida aza ochishni? Hamma qolib, man shoʻrlikkinaning toʻyini azaga aylantirasanlarmi?!. — Xolam oʻzlari ham birdan izillab yigʻlab yubordilar: — Iv-v, shoʻrginam qursin, shoʻrginam meni...

Biz turasolib, ichkariga otildik va hovlida gʻalati manzaraning ustidan chiqdik. Anvar kennoyi hovli urtasida taxta boʻlib turar, oyimu xolalarim Asol xolamni quchoqlab ichkariga tortqilashar, ammo u kishi hech kimga boʻy bermay yulqinar edilar.
— Kelinginamni kutvolishga ham qoʻymalaring! Qamab tashlalaring! Yoʻlatmalaring men bechorani! — deb siltanadilar hadeb. Roʻmollari oyoqostiga tushib, oppoq sochlari bir xunuk toʻzgʻib ketibdi, yuzlari ayanchdan bujmayib...

Yoʻq, men chidab turolmay, koʻchaga otilib chiqib ketdim. Xolam hech kimga boʻy bermay baralla nola qilar edilar:
— Bahriddinginam-ov-v, qaydasan-ov-v! Kel, bolaginam-ov! Kuyovlik sarupolaringda boshginangdan bir oʻpayin-ov-v. Bir oʻpay, bolaginam-ov-v...

Koʻchaga chiqsam, bir gala kishilar Murjumon tomondan tobut koʻtarib kelishyapti. Oldida qoʻqonaravasiyam bor. Yo tavba! Bu qanaqasi?.. Ular yaqinlashishgan sari ma’lum boʻldiki, aravada kimdir bukchayib oʻtirardi. Holatidan odamga uncha oʻxshamaydi, ammo maymun boʻlib maymun emas, ayiq boʻlib ayiq!

Yoʻq, odam ekan, ammo-lekin tasqaraday bir odam. Xumdek kallasi choti orasida bir xunuk chayqalib kelyapti. Yo xudo! Bu jazoni kim oʻylab topibdi?..

Janozaga toʻplanganlar gurra turib ketishdi,
— Olib kelishyapti, olib kelishyapti.
— Anavinisi nima, aravadagisi?..

Koʻcha oʻrtasiga chiqib borgan Haybat akam aravakashga qoʻl siltadi.
— Yoʻqot manavingni!

Tizzalarini kerib egarda oʻtirgan Akrom aravakash yarim oʻgirilib orqasiga qaradi. Kimga qarayapti desam, Sultonmurod akamga ekan. Tanimabman: soqollari oʻsib, oʻzgarib ketibdi! Bir hafta burungi akam emas, ulgʻayib, ulugʻ tortib ketganday.

U oldinga oʻtib boraturib Haybat akamga nimadir degan edi, u rangi quv oʻchib, yanigan odamday akamga bir qarab qoʻydi-yu, lom-mim demay, tobut koʻtarishib kelayotganlarga qoʻshildi. Arava esa, akamning imosi bilan oldinga oʻtib toʻxtadi. Tobut koʻtargan odamlar hovli tomon burildilar. Koʻplari akamga oʻxshab yuzlari qorayib, soqollari oʻsib ketgan kishilar edi. Hammalari yupqa koʻk toʻn kiyib olishibdi. Oralarida Olim akam ham koʻrinyapti. Xayolimga, otning qashqasidek tanilib turishibdi-ku hammalari, degan oʻy keldiyu yuragim oʻynab ketdi. Oblochilar bilib qolishsa, nima qilishadi? Yo qoʻynilarida qurollari bormikan?

Ichkaridan yugurgilab chiqqan oshnalarim bularni koʻrib, qoʻrqib ketishdi va shosha-pisha oʻzlarini chetga ola boshlashdi. Nusratilla pochcha oʻrinlaridan bemajolgina turib, oh tortdilar:
— Oʻ, dunyoi qoʻtir... — dedilar-da, keyin yoʻlakay Sultonmurod akamning yelkasidan quchib, hamdardlik bildirgan boʻldilar. — Judayam ichkariga opkirmanglar. Irimini qilib, hovlida birpas toʻxtasanglar boʻldi. Xayr-xoʻshdan keyinoq koʻtarib chiqaverasizlar. Boʻlmasa, xotinlar qiy-chuv qilib yuborishadi. Xoʻpmi, chirogʻim?

Akam kiprik uchirib, bosh silkidi va ichkariga shoshildi. Men damim ichimda, oyoq tagida oʻralashmay, ilgari surildim. Odamlar bu orada hovlining oʻrtasiga yetib borib, tobutni pardaning narigi yogʻiga qoʻydilar va shu zahoti ayollarning oh-vohi oʻrladi.
— Oh jigarim-ov! Olti oy deganda oʻzginang keldingmi-yov?! Kim sanginani shu hollarga soldi-yov?..

Miyam chatnagudek titrab ketdi: «Yopiray! Aravadagi — shuning qotilimidikan?!» Men uning basharasini tuzukroq koʻrmagan edim, shoshilib qaytib chiqib bora boshladim. Hamma kirib kelyapti, men esam odamlarning orasini yorib, kimgadir turtinib, kimnidir aylanib oʻtib, tashqariga talpinaman. Kallamda bir oʻy aylanadi: «Qotil shu yerda! Shu yerda! Nahot Parpi bebaxtni akam kechiribdi? Sazoyi qilish evaziga tuya-qopdan chiqaribdimi?!»

U oʻsha-oʻsha bukchayib, qilt etmay oʻtirar, oyokdarini quchoqlagancha, dahanini tizzallriga tirab olgan edi. Soqol bosib, patak bogʻlab ketgan yuzlariyu ich-ichiga tushib ketgan yumuq koʻzlarida jon asari koʻrinmaydi. Hammadan ham dahshatlisi, kichkina tortib ketgan bu odamning boshi goʻyo oʻziniki emasdek. jimitdek tanada xumdek bosh. Juda xunuk koʻrinarkan. Buning ustiga, sochi oppoq. Soqol-moʻyloviga jin ham urmay sochining bunday oqarishi dahshatning oʻzginasi edi. Alvasti oʻtiribdi, deysiz, aravada. Oʻsha jardagi jazirama tepachaga baqirtirib tashlab qoʻyishganida, nima boʻlsa boʻlgan unga. Ammo oʻzi qilt etmaydi. Qani endi qilib qoʻygan ishidan dahshatga tushib, oʻkirib-oʻkirib yigʻlasa! Shu odamlar oldida oʻzini yerga otib-otib tavbalar qilsa! Kechirvorisharmidi balki. Ammo bu... qilt etmaydi. Koʻzini ochib qarab qoʻymaydi ham.

Yoʻq, ana, u shapkoʻr koʻzlarini zoʻrgʻa ochib, menga hissiz tikilib qoldi va kutilmaganda besunaqay qoʻllari bilan yuzini toʻsib, hoʻngrab yubordi:
— Jilla qursa, sen kechir, uka! Xudo urib qoʻygan meningday bandani-i...

Yo tavba! Battar dahshatga tushib, tisarilib ketdim! Men kim edimki, uni kechirsam? Umuman, uni kechiradigan topilarmikan?

Va shu maqal. ichkarida ayollarning dod-faryodi osmonu falakka oʻrlab, odamlar shosha-pisha tobutni koʻtarib chiqib kela boshladilar. Akram aravakash chu deya otining boshini katta yoʻlga burdi. Tobut koʻtarganlar esa, unga ergashdilar. Men ham aqlimni yigʻib olib, tobutni biron qadam koʻtarishib yuboray deb yoniga yopishib bordim. U shunchalik yengil ediki... ustixonlarinigina olib kelishganini men bilmasdim. Ammo uning oldidagi arava bundanam gʻalati edi. Nazarimda, uni ham bekorga olib kelishmagandek.

Akam uni qoʻyib yuborishi qiyin. Akam boʻladi-yu, qoʻyib yuboradimi! Lekin qoʻyib yuborganda nima? Odam siyogʻi qolmabdi-ku.

Ammo nariroq borib, arava tuproq yoʻlning bir chekkasiga chiqib toʻxtadi. Aravakash tobut koʻtarganlarga yetvolishga shoshildi. Bu yoqda tasqaraning yolgʻiz oʻzi qolib ketdi. Bola-baqralarga tekin tomosha boʻlib... Quyosh pastlagandan pastlab boryapti. Koʻcha oxirida, Terakli ota qabristonidan ham narida yonib-yalligʻlanib tursa ham, kechagi jahdi yoʻq. Yuzimga oq mezonlar ilashib, xayolim qochadi: kuz ham kep qolibtimi darrov?! Bizni hech kim qaytargani ham, qistagani ham yoʻq. Boʻyimiz choʻzilib qolganiga andarmon, akamning qavatida kelgan koʻk toʻnlilarga ergashib, mozorboshiga ketyapmiz. Bir chekkasi qiziqib (bunaqa voqea har kuni boʻlaveribdimi!..)

Men Sultonmurod akamdan koʻz uza olmayman. qarab toʻymayapman. Qavatiga chaqira qolsayu chopib borsam... Koʻzimga olovdek koʻrinadi nuqul, Haybat akamdan ham haybatli tortib ketibdi. Yo toʻnining ichidan qurol taqib olganmikan?

Yigitlari boʻlsa, sirli jangchilardek jim. Shu mahal koʻzim ikki qadam narida borayotgan Olim akamga tushdi. Hamma qatori oyogʻi ostidan koʻz uzmay, tuproq kechib boryapti-yu, oʻzini tamom unutgan. Bahriddin akaginamizning taqdirini oʻylab ketganmi, desam, milt etib koʻzida yosh, yuzida xafalik koʻrinsa-chi.

Yoqtirmagan oʻqishidan qaytib, akamning qavatiga qoʻshilib ketdi. Oblochidan xavfsiraydigan joyi qolmadi. Ochilib-sochilib yuravermaydimi? Qachon qarasang, ich-etini yegani-egan. Ana, bir narsadan gʻashlanib, men tomonga qaradi, koʻrib turibam meni tanimadi. Rostdanam unga bir narsa boʻlgandek edi.

Bu orada torgina tolzor koʻchaga kirib bordik. Tollarning tagiga shira yogʻib, ari talab yotibdi. Koʻcha kichkinaligidan tollar tepada ishkomday tutashib ketgan. Tobut tol navdalariga tegay-tegay deb oʻsha ishkom takkinasida lopillab boryapti. Hech qancha yurmay, yana oʻshanday tolzor koʻchaga burilib, buloq suvidan ham tiniq anhor yoqalab keta boshladik. Oʻn qadam yurmasimizdan, barglari kumushday yarqirab, qabriston teraklari koʻzga tashlandi. Qator teraklar tagidagi doʻppidek masjid hovlisida saflanib, janoza namozi oʻqildi. Keyin yana tobutni koʻtarib qabr tepasiga olib ketildi. Biz chekka-chekkaga oʻtib, uni yerga qoʻyishlarini kuta boshladik. Bahriddin akamning ustixonlari oʻralgan kafanlikni qabrga tushirib ustiga tuproq tortishga kirishdilar. Qabr doʻmpayib ulgurar-ulgurmas domla tilovatni boshlab yubordi. Hamma oʻtirdi.

Shu payt atrofimda burgan hidi gurkirab ketdi, kimdir kelib choʻnqaydi. Ugirilib qarasam... osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, oq shapka Charli paydo boʻlib qolgan edi. Men endi salom beraman deb ogʻiz juftlasam, u atrofga olazarak alanglab, barmogʻini labiga bosdi:
— Qimirlama, jim.

U devor oshib kelgan odamday hansirar, nafasini rostlay olmas edi. Nihoyat chuqur tin olib, nafasini boʻshatdi:
— Huh! Oʻzimam it quvlaganday yuguribman, — dedi shivirlab.
— Namuncha ja?..

U issiq jilmayib, koʻz qisdi:
— Yetib kelmasam, boʻlmasdi. — U yana koʻz qisdi. — Qalaysan, pakana pari?
— Yomonamas, oʻzingiz-chi?
— Soʻrama, — deb shivirladi u, — qani endi sendek boʻlib qolsam.
— Nega? — «Qochib-quvib yurishlar jonga tegdimi?» demoqchi boʻldim-u, aytolmadim.

U yelkamga qoqib, oʻziga yaqin tortdi:
— Keyin, keyin aytib beraman. Hozir sendan iltimos, akangga mening xabarimni yetkaz. Falonchi akam zoʻrgʻa devor oshib kepti, katta koʻcha toʻla itlar emish, desang, bas. Unutmaysan-a?
— Yoʻq, nega?

U yana yelkamga qoqdi:
— Unda, boʻla qol, pakana pari, vaqt gʻanimat. Bildimki, zarur. Sekin turib, odamlar orasidan zimdan akamni izlay boshladim. U qurib yolgʻiz shoxga aylangan qora oʻrik ostida allaqanday ziyrak tortib oʻtirar-u, bizni koʻrmas edi. Borib, yoniga choʻkkalarkanman, u oʻgirildi. Men shipshidim:
— Anuv shaharlik doʻstingiz bor-ku...
— Kim? — Akam yer ostidan xavotir aralash qarab qoʻydi.
— Chaman aka.
— Xoʻsh-xoʻsh?
— Shoʻtta.
— Shoʻt-ta?
— Zoʻrgʻa devor oshib kepti. Koʻcha toʻla... (tavba, itlarga balo borakanmi?) itlarmish.

Akam bosh koʻtarmayin, sekin qaytarib soʻradi:
— Qaysi koʻcha? Katta koʻchami yo?
— Katta koʻcha, — dedim adashtirib yuborganimdan xijolatga tushib.
— Shunday degin-da.

Nima gapligiga akdim yetmayotgan boʻlsa-da, oʻgʻrincha uning yuziga tikilaman. U Qur'on tilovatiga boʻyin qoʻyib oʻtirgan edi, birdan sergak tortdi. Toʻgʻrida choʻnqaygan koʻk toʻnli odam bilan koʻz urishtirib, kishi bilmas barmoqlarini chirmashtirdi... va boshmaldoqlarini asta aylantirishga tushdi. Koʻk toʻnli ham bar-moqlarini chirmashtirdi va nariroqdagi boshqa bir toʻnliga (oʻgʻrincha) qarab, xuddi akamga oʻxshatib boshmaldogʻini aylantira ketdi. Soʻng nariroqdagisi...

Tilovat tugab, qoʻllar duoga ochildi.

Oftob xonaqoh oldidagi teraklar ustidan tushib, ikki terak oraligʻida qonli barkashday qizarib turib qoldi va qabrlar ustiga qirmizi bir tur alvon yopdi.

Odamlar yuzlariga fotiha tortib, oʻrinlaridan tura boshladilar.

Moʻmin togʻa oʻrtaga chiqib, qoʻllarini koʻtardilar:
— Xaloyiq, Bahriddingina qanday yigit edi?..
— Hur kelib, hur ketdi, rahmatli. Ilohim, hur qizlardan buyursin, — dedi allakim katta yongʻoq tagidan.
— Xudo rahmatiga olsin, iloho, — dedi hamma va odamlar qabristondan chiqa boshladilar.

Men ularga ergashib, yarim yoʻlgacha borgan yerimda birdan akam esimga tushib, orqaga oʻgirildim. Na oʻzini, na sheriklarini — birortalarini koʻrmadim. Qabriston ichi bilan qayoqqadir urib ketishgan shekilli.

E, gap bu yoqda ekan-ku!

Noiloj tashqariga qarab yurdim. Masjidning eski darvozasidan oʻtib, tolzor koʻchaga chiqib borarkanman, anhor yoqasida turgan koʻk toʻnli odam koʻzimga olovday koʻrinib, shoshib qoldim. Ildamlab borsam, Olim akam. Orqadan chiqib kelayotganlar ichidan kimnidir kutib, tipirchilab turibdi. Koʻzi toʻrt, alanglagani-alanglagan. Birdan meni koʻrib, hovliqqanicha shu tomonga yurdi.
— Akamgilar qani? Qayoqda qolishdi? — dedi uzoqdanoq.

Men yelka qisdim:
— Bilmasam...
— Bilmasaming nimasi? Hozir yonida oʻtiruvding-ku? — dedi asabiylashib.

Men ham toʻng javob qildim:
— Oʻtiruvdim, lekin hozir qarasam...
— Bari yoʻqmi? — dedi u rangi quv oʻchib.
— Yoʻq. — Men unga boshdan-oyoq qarab, hayron qoldim: muncha titrab-qaqshaydi? Pitrab turibdi?

Kutilmaganda u meni yoʻldan itarib, oʻzi oshigʻich qabriston tomon yurdi. Tavba, gʻalati-ku. Yo ishorani notoʻgʻri tushunib... qolib ketdimikan? Bu orada u ich-karidan chiqayotgan oxirgi odamlardan ham oʻtib, ikki-uch qadam loʻkillab bordi-yu, keyin yov quvgandek... chopib ketdi. Ana xolos! Nimalar roʻy beryapti oʻzi?

Bu yoqda kimdir meni chaqirdi.
— Maqsud, yurmaysanmi?

Qarasam, oshnalarim. Qayrilishda kutib turishibdi. Chopdim. Janozaga kelganlar toʻp-toʻp boʻlib, gangur-gangur bilan qaytib chiqishmoqda. Hamma endi haligi aravada qolgan tasqaraning gʻiybatiga tushib ketishgan. Beixtiyor qadamimni sekinlatdim.
— Yo alhazar! Shu oʻzimizning mashhur Parpi oʻgʻrimi, a? Odam siyogʻi qolmabdi-ku.
— Qozoqni tuyaqopiga tushmabsan, bu dunyoning doʻzaxini koʻrmabsan, degani shuda...
— Nega qozoqi boʻlsin? Zino qilganlarni ilgari oʻzimizda nimaga oʻrab, tikib tashlashardi?
— Uni qara-ya...

Xullas, har turli gaplar... Bu yoqda Aliakbar shoshirib qoʻymaydi:
— Muncha imillaysan? Ildamroq borib turmaymizmi? Jildik.

Koʻcha yoqalab, tollar tagidan (shildiragan xazonlarni bosib-yanchib, tol chiviqlardan engashib oʻtib), loʻkillab borarkanmiz, Soli bizni avrashga tushdi.
— Parpi bebaxt-chi? Koʻrmay-la ketaveramizmi? Bunaqa zoʻr qaroqchini har kuni tutib yurishibdimi? Boʻzsuvga boribam, tuzukroq koʻrolmovdik.
— Shuni ayt. Tuyaqopi yomon boʻlarkan-ku, a, bolalar? Davangirday odam mushuk bolasiday boʻpqopti-ya, tavba.— Abrol shunday dediyu boshlandi Parpi bebaxtning gʻiybati. Shoshmay ham qoʻydik yoʻlning u yogʻiga.
— Endi uni nima qilisharkin? Hukumatga topshirisharmikan?
— Hukumat nima qiladi, turmasiga tiqadimi? — dedi Aliakbar, boshiga uradimi, degandek.
— Qoʻyvorisharmikan-a? — dedi Abrol.
— Qoʻyvormaganda qancha kun yashardi? Koʻrding-ku.
— He, nima devotsan?! Bularning joni qattiq boʻladi, — dedi Tohir.

Xammasidan Solining gapi oʻtib tushdi:
— Hali qarab turasanlar, yana oborib sazoyi qilib, oʻtqazib qoʻyisharmidi, fotihaxonlikka kelganlar betiga tupurib oʻtsin, deb.
— ola, opqoch-a! — dedim men. Ammo oʻsha oborib oʻtqazib qoʻyadiganlarning oʻzlari hozir qaerda ekanini aytib boʻladimi bularga.

Gap bilan boʻlib, Toʻlavoy amakining qoʻrgʻonidan oʻtib, katta ariqning koʻprigiga yaqinlashganimizni bilaman, hali arikdan hatlab ulgurmagan edik, boqchaning ichidan besh-olti chogʻli askar yugurgilashib chiqdiyu oldindagilarning yoʻlini toʻsa boshladi. Xuddi shuncha askar koʻchaning bu betidan, pastak bogʻ devolidan oshib tushib keldi. Odamlar guvranib yuborishdi.

Biz ham joy-joyimizda serrayib qopmiz. Yodimga Charli «samariska»ning gapi tushib, miyam chatnadi: e, uni qara, gap bu yoqda ekan-ku!

Yoʻl toʻsib chiqqanlarning kattasi hammani bittalab toʻxtatib, nimanidir soʻrar, odamlar yelka qisib, atrofga alanglagancha chetga chiqar, qizil shapkali asabiy holatda keyingisini soʻroqqa tutar edi. Darrov angladim: ularni izlashmoqda. Shu yerda qoʻlga olmoqchi boʻlib kelishgan ekan-u, bular ustalik qilib qopti. «Obbo Charlisi tushmagur-e, qaerdan xabar topibdi ekan?»
— Jiddik, bollar, boqchaning orqasiminan, — dedi Aliakbar.
— Shoshma, koʻraylik. Tirik askarni har kuni koʻrib yuribsanmi? — deb ishshaydi Soli.
— Orzumandamisan? Ushlab ketsa, koʻrasan koʻradiganingni! Ketdik, — deb qistadi Aliakbar.
— Bulardan yaxshilik kutma, surdik, — dedim men ham. Ammo joyimdan jilib ulgurmadim, changakdek bir qoʻl tirsagim tepasidan tutib, qattiq siqdi.
— Qayoqqa surasiz, yigitcha?!

Qarasam, Akmal oʻris! Oʻsha movut shapka! Lop etib, bedanavoz amakining gapi kepti yodimga: «Akmalchaxon, Akmalcha, omonmilar dumingiz?» Kulgim qistab chetga qaradim. Yurgan ekan bizdekligida orqasidan dum bitib, hech kimga qoʻshilolmay, endi kunlari tugʻib qopti-da!
— Qoʻyvoring qoʻlimni. Men sizga nima qildim?! — dedim siltanib.

Qayoqda! Battar qisib, xunuk irjaydi.
— Ha, ushladimmi! Hamma bilmasayam, sen bilasan, qani ular? Qayoqqa urib ketdi?
— Men qayoqdan bilay? Qoʻyvoring.
— Bilmaysan-a, bilmaysan? Boya yonginasida oʻtirgan kim edi?

Qoʻrqib ketdim. Lekin boʻsh kelsam, ushlab ketishdan ham toymaydigan. Sheriklarim kim qochib, kim tisarildi. Men oyoq tirab oddim. Aliakbar esa, elanib-yalinyapti.
— Hoʻv amaki, jon amaki, shuncha odam bilmagan, biz bilamizmi?

Bu mening qoʻlimni qoʻyib yubormay, qayoqqadir surgayapti.
— Aytmasalaring, ovora boʻlasanlar. Shunday-la berib yuboraman.
— Xoʻp, aytaman, — dedim men ham birdan quvligim tutib, — faqat qoʻlimni qoʻyvoring.
— Ayt, ana.
— Yoʻq, siz avval qoʻyvoring qoʻlimni.
— Ho-o, anoyi ekansan-ku!

U boyagidan mahkamroq changallab edi, jonim halqumimga kelib, voy-voylab yuboray dedim. Va alam-achchiq ichida qanday kuch paydo boʻldi, bilmayman:
— Qoʻyvor-e, ... furush! — deya bir siltangan edim, qoʻlim boʻshalib chiqdi.

Ammo qayrilib qochishga ulgurmadim. Ungacha bilagimdan tutib oldi.
— Ana endi... Oʻzingdan koʻr! — dedi hansirab va surgaklay boshladi. Butun badanimdan duv-v olov chiqib, osmonga sapchigudekman, lekin qani uning changak qoʻlidan qutulolsam... Ammo shu payt qayoqdandir harsillab-lorsillab (baxtimdan aynanay!) «hoʻv betovfiq»lab Nusratilla pochcha yetib keldilar.
— Qoʻyvor bolani, padarqusur. Mana, men boraman oʻrniga. Kuching shularga yetdimi sen yaloqni? He, bachchagʻar!

U qoʻlimni qoʻyvorib, gʻoʻldiragancha tisarilarkan, Soliga turtinib ketib, oyogʻini bosib oldi. Soli voy-voylagancha oyogʻini changallab oʻtiribdi-yu, qoʻyniga allanimani tuzukroq yashirish bilan ovora. Toʻpponchasini oʻmaribdimi, deb qoʻrqib ketdim. Hali baloga qolmasak edi...

Pochcha esa, boʻshatmay olyaptilar:
— Senga shular kerak — sotaver. Shular osh-non beradi! Kuningga yaraydi! Oʻlsang, tepkilab koʻmadi!.. He, betovfiq!

Qora odam yana ham qorayib ketganini shu yerda koʻrdim. U gʻing deya olmay burilib ketarkan, pochcha bizni urishib quvdilar.
— Qurilaring tez, topibsanlar juda, tekin tomoshani!

Oblochilar hech kimni tutolmay, muztar boʻlib qaytishganini keyin eshitdik. Parpi bebaxt ham yoʻq boʻlib qopti. Aravaga qoʻshilgan ot boʻsh aravani sudraganicha, koʻchaning chetida oʻt chimdib yurar edi.

Hamma fotihaga keldi. Ammo Sultonmurod akamu koʻk toʻnlilarning qaytib qorasini koʻrmadik.

Oy chiqqanida oyimlar bilan uyga qaytdik. Hammayoq sutdek oydinga choʻmilib yotar, olam sokin boʻlib qolgan, bir kunda shuncha voqealar kechganiga sira-sira ishonmasdim, ishonolmasdim.

Koʻngil Boʻzlaydi-Yu, Malhami Jon Yoʻq

Xirmontepaga maktabga qatnayapmiz. Menga yana Xudo berdi: qiz oʻrtoqlarim Aliakbarlar bilan topishib oldim. Maktabdan chiqdik degandan bolalikdan tanish nokzorlaru yongʻoqzorlarga oralab ketamiz. Bizning dastimizdan Mirhomid amakining kadi noklari ham, Donbek koʻchadagilarning qizilmagʻiz yongʻoqlari ham qolmaydi. Xirmontepadan kela-kelguncha qoʻyinlar toʻlib, chiyduxoba jildlar qappayib ketadi.

Hamma terib-qoqqanlarimizni Aliakbarlarning tandirxonasidagi xumga yashirib, bu yogʻiga hech narsa koʻrmagandek, Izzaga tushib borgan tolzor yoqalab, uyga joʻnayman. Koshki tinch keta qolsam. Izzadan oʻtishim bilan Siddiq arrakashning bogʻiga bosh suqib, eng pastda — tokroʻdalar tagida qolgan oltindek shingil-shapoqlardan totinib, nomiga tutilgan shohdevordan oshib chiqib ketaman. U yogʻiga Qayumbek amakining tepasiga yonbagʻirlab ekilgan qator jiydalar boshlanadi. Hozir u ayni qoqib olinadigan mahali — jiydasi marjon boʻlib qizarib yotibdi. Har bittasi boshmaldogʻimdan ham katta non jiydalar oldida behisob kumushrang barglari mayda tortib ketgan, yoʻqdek.

Soli ikkimiz jildni bir chetga otib, jiydaga oʻrlab ketganmiz. Terib qoʻyinga urganimiz sari bir ajoyib hid girkirab kela boshlaydi bizdan. U jiyda hidi. Gulini desang, mevasidan ham keladi-ya, oʻshanga oʻxshagan asal hid. Balki bu asal daraxtdir, adashib jiyda atab yuborishgandir! Lekin Qayumbek amaki koʻrib qolsami: tepaning ustida turvolib, boʻralab soʻkishi bor. Darhaqiqat, tepadan guldiros ovoz kelib qoldi:
— Xoʻv zumrashalar! Borsam kallangni poʻla qilaman! Yoʻqollaring hozir!

Yetib kelguncha biz chugʻurchukdek juftakni rostlab qolishimizni biladi. Bilgani uchun ham oʻsha yoqdanoq qozoqi doʻqini qilib, lapanglab kela boshladi. Tushyapmiz-u:
— Olsak, sizzikini ovotmizmi? — deb bidilladi Soli.

Qayumbek amaki oʻt-olov boʻlib, yon-atrofidan kesak izlay ketdi-ku!
— Bor-bor-ey! Kuchala yegan joyingga borib tirish-ey! Uzidan-oʻzi oʻsib qopti-da! Hey, sendaqa aqllidan oʻrgildim!..

Men jildimni ola, tepaning tagi bilan urib ketdim. Soli bedapoyaning ichi bilan qochdi. Jiydaga yetib qolgan amaki boyagi-boyagi shangʻillab soʻkinar edi:
— Na haromni biladi, na xarishni... xudobexabarlar!

Beixtiyor oyogʻim sekinladi. Ich-ichimdan uyatmi, birnima gʻimirlab kelib, bir koʻnglim qoʻynimdagi jiydalarni shu yerga toʻkib ketgim keldi-yu, yana koʻzim qiymadi. Yegancha yeb, qoʻyin-qoʻnjimizni toʻlatib oʻtirmasdan keta qolsak boʻlardi-ku, oʻzimiz ham ochopatmizmi, nima balo?

Soylikdagi yongʻoqzordan boʻshashibgina anhor boʻyiga chiqib borsam, Saynabi domlaning bogʻi yonidagi yolgʻizoyoq yoʻldan... kim kelyapti deng... Oʻsha jamalaksoch qizcha — Margʻu kennoyimning singlisi kelyapti. Koʻrib yuragim shunaqa dukirlab ura boshladiki, xuddi ichimda bir qush qamalib qolganday va potrab-potrab boʻgʻzimga tiqilayotganday. U ham koʻrib toʻxtadi va birdan suyunib chopib kela boshladi.
— Voy, Xizrni yoʻqlasam boʻlarkan, men sizni izlab kelayotgan edim, — dedi qoʻngʻiroqday ovozi jangillab, — yaxshi uchradingiz.

Undagi erkinlik menga ham yuqib, anhordan hatladim. Qoʻynimdagi jiydalar boʻynimgacha selpinib, allaqanchasi tuproq koʻcha bilan bitta boʻlib, sochilib ketdi.
— Vuy, jiydami? — dedi u koʻzlari oʻynab, — uvol qildiz, qarang, — dedi achinib. — Biz tomonda bunaqa boʻliq boʻlmaydi.
— Biz tomonda shunaqa bitadi, — dedim men magʻrurlanib. — Ma, ol, opanglarga obborasan. — Men oq sepkil tashlab, bir chiroyli qizargan jiydalarni qoʻynimdan changallab-changallab olib, etakchasiga sola boshladim. U «Voy, boʻldi»lab, etagini olib qochadi, men esam, «Mana shuniyam ol, tagi koʻp», deb qistayman. Axiyri, qoʻynimdagi hamma jiydani uning etagiga solib, jiyda hidi gurkirab yotgan qoʻlimni qoqdim:
— Oʻzi sizlarga nasib qilgan ekan.

U bir chiroyli bosh silkib, rahmat aytdi va etagini past ushlagancha ketishga taraddudlandi.
— Endi men boray.
— Borarsan, oʻzi endi kelding-ku.

U bir dona haqiqday jiydani tishlari orasiga olib, bosh chayqadi va odatdagidek dimogʻida «i-im!» deb qoʻydi. Men uning shu «i-im»lashiga borman! Qani yana qaytarsa, deb qistadim:
— Hozir koʻrmaganingda baribir qidirib borarmiding?
— Borardim.
— Chiqqunimcha kutarmiding?
— Kutardim.
— Gapingni aytguncha turarmiding?
— Turardim.
— Hozir ham... turaqol. U yana bosh chayqadi.
— I-im! Borishim kerak. Bilsalar, ayam oʻldiradi-la.
— Nega oʻldiradilar? Men bilan turganinggami?
— Yoʻq, — dedi u bosh chayqab, — ularga bildirmay kolganman bu yoqqa. Opam sizga manavini berib yubordilar. Ilojini qilsangiz, egasiga yetkazarkansiz.

Men igu vaqtgacha e’tibor bermagan ekanman. U chap koʻlida tumordek qilib buklangan uchburchak bir xatchani ushlab turardi. Shuni uzatdi.
— Mana, ilojini qilasizmi?

Men Margʻu kennoyim haqida nihoyat bir xabar eshitganimdan, ularni bir-birlariga bogʻlab turgan xatchilar biz oʻzimiz ekanimizdan boshim osmonga yetib:
— Kennoyim uchun... jonim bilan! — deb yubordim.— Oʻzlari yaxshimilar ishqilib?
— Oʻzlari... — U birdan oʻzgardi va javob qilolmay toʻliqdi.
— Nima boʻldi, yashirmay aytavur!
— Yoʻq, tuzuklar. Faqat... — U koʻzlarini olib k,ochdi. — Uch yoqdan kelib turibdi, axir. Bu yoqda ayam...

Men koʻchada bunday turishimizdan oʻngʻaysizlanib, chetga tortqiladim:
— Yur, men seni nariroqqacha kuzatib qoʻyaman. U yolgʻizoyoq yoʻlga oʻtib-oʻtmayoq toʻxtadi:
— Yoʻq, bu yogʻiga oʻzim.
— Nima oʻzing? — Men azza-bazza xafa boʻldim.
— Oʻzim ketaman.
— Men-chi?
— Qolavering. Anavini tezroq...
— Xoʻp! — dedim tirsagini qoʻyib yuborib.
— Opam shoʻrlikdan bir xabar olsalar edi, — dedi Saida koʻzlariga yosh olib. — Shu bir oyda adoyi tamom boʻldilar.

Oʻsha borganimdayoq allaqanday boʻlib, suvratlarigina qolganini eslab, gʻalati boʻlib ketdim. Va zoʻr berib unga uqtirishga tushdim:
— Sen ishon, akam unaqalardan emas. Oʻlsa oʻladiki, soʻzida turadi. Bahriddin oʻrtogʻimning qotilini baribir topaman, degan edi. Topdimi? Topdi. Oʻzim hammasining adabini beraman, degan edi. Berdimi? Berdi. Nimaga ishonmaysizlar?
— Endi men boray, — dedi u chetlanib. Men e’tiroz bildira olmadim:
— Mayli... — Soʻrab qoʻy kennoyimlarni demoqchiman-u, aytolmay turibman. U uch qadam yurib toʻxta-di:— Aytmoqchi, javobini ertadan kechiktirmas ekanlar.
— Xoʻp. — Men boʻshashib qayta boshladim-u, birdan oʻylanib, toʻxtadim: «Nega ertadan kechiktirmay?» Oʻgirilsam, u ketib boʻbdi: hov narida etagidan jiyda olib yeb boryapti. Qaytdim.

Tip-tiniq osmonda kurkinaklar oʻynab-quvnashadi. Kunbotar yoqdan kuz mezonlari qulochlarini yoyib uchib keladilar-da, anhor boʻyidagi doʻngda qiygʻos ochilib-urugʻ bogʻlab yotgan sariq boshogʻriq gullarni achomlab, «halok» boʻladilar. Saynabi domlaning ishkomlarini bosgan chugʻurchuqlar tartarakdan choʻchib, gurra parvoz etib, — bulutday koʻchib borib, shu ketgancha Kattabogʻning ustida pastlaydilar. Kimdir tepa tomonda xoda bilan qars-qurs urib, yongʻoq qoqmoqda.

Shunday beozor kunlarda Margʻu kennoyimning qon-qon yigʻlab, uyga qamalib oʻtirishi, akamga xatlar bitib, javobini intizor-intizor kutishi — juda gʻalati ham achinarli edi. Ich-ichimdan bir xoʻrlik bosib kelib, sekin yurib ketdim.

Uyga kelsam, oyim bogʻchamizda bir qoʻshiqni xirgoyi qilib kartishka teryaptilar:

Gʻussai dil, qissai mushkulga qoldim oyu yil,

Obi gil ichra xijil qolgʻon tanu jonim mening .

Kechalari moshin tikib oʻtirib ham birdan shunaqa xirgoyilari kelib qolardi. Yo «Alhamdulilloh»ni, yo «Meningdek intizoru yoʻlda hayroning»ni boshlab yuborardilar. Hozir ham menga bir qarab qoʻydilar-u, xirgoyilarini uzmay, ishda davom etaverdilar. Ajab, kartishka palagini kim chiroyli oʻrib, yerini loʻppa-loʻppa kavlab ketibdi ekan? Behi tagida choynak-piyola, beriroqda ketmon. Pushtalarda davangirday-davangirday etik izlari. Kim kelibdikan?

Kitob-daftarlarimni supaga tashlab, oldilariga chopdim.
— Men oʻzim terib tashlayman, oyi. Siz ishlarizzi qilavuring.

Oyim menga bir qarab qoʻydilar-u, indamadilar. Oʻzlari shunaqalar: tergash oʻrniga ham bir yomon qarab qoʻysalar, yetarli boʻladi. Oʻ yogʻini tushinib olaveraman. Hozir ham toʻlgan chelakni toʻkib kelib, ishga yopisha ketdim. Ammo ichim qizib boryapti. Kim kelganini soʻray olmay, qosh-qovoqlariga qarab-qarab qoʻyaman. Axiyri sabrim chidamadi:
— Oyi, oyi, shuncha narsani bir oʻzingiz... kavladingizmi?

Oyim anqovsiraganimniyam, ichim gʻurmishlab yotganiniyam sezib, issiq jilmaydilar:
— He, bolam-a, mening ilgarigi vaqtimmi? Akang kelgan edi.

Men achiniblar ketdim:
— Boyadan beri aytmaysizmi!
— U opangnikidan chiqdiyam, sen bu yoqdan...
— Shunaqa demaysizmi! — Qoʻlimdagi chelak daranglab tushgancha, oʻsha yerda qolaverdi, ishkom ichi bilan opamlarnikiga yugurdim.
— Hay, qayt, yetolmaysan, baribir. Borma, u yoqlarga! — Oyim hay-haylab oʻrta yoʻlga kelgunlaricha, men opamning darvozalaridan chiqib, tutzorning ichiga kirib boʻldim. Keyin Usmon togʻamning bogʻlari yoqalab, pastga zingʻillab qoldim-ku. Ekinning oʻrtasidagi yolgʻizoyoq yoʻldan chopib ketyapman-chopib ketyapman. Oyoqlarim ostidagi, ariqning ikki yoqasidagi tizza boʻyi oʻtlar ichidan bedanalar porillab-churillab koʻtariladi, urugʻ bogʻlagan oʻtlarning «don»lari shildirab sochiladi, yovvoyi yalpiz hidi gurkirablar ketadi. Boshmoldogʻimdek chigirtkalar boʻyim baravar sakrab, qizil qanotlarini yoyganicha sollanib uchadilar, qani iarvo qilsam, toʻxtasam. Menga akam kerak. Chiyduxoba shimimning soat choʻntagida unga atalgan narsa bor. Kennoyimning omonati bor. Shuni yetkazishim kerak. Oʻchiga berishim kerak. Ertaga kech boʻladi! Kechirilmaydigan ish boʻladi! Ammo qani oldinda bir zogʻ koʻrinsa. Soʻraydigan bir odam uchrasa.

Pushtalarda qovun-tarvuzlar toʻygan qoʻzilardek doʻmpayib yotibdi. Palaklari qovjirab yerga singib boʻpti-yu, oʻzi uzilmagandek. Xuddi shudring yeb, shira tortsin, deb tashlab qoʻyishgandek.

Oyogʻim toliqib, qadamimni sekinlatdim. Shundagina arikdagi tiniq tortib, shaldirab yotgan suvning ovoziyu Kattabogʻni bosib, ustida gʻujgʻon oʻynagan chugʻurchuqlarning chagʻir-chugʻuri qulogʻimga kiribdi. Shiypon tomonda Haydar amaki «hay-huyuv, xalalay-hash-gu-tuguv!» degancha tartaragini tarillatib qoʻyadi, chugʻurchuqlar parvosiga ham ilmaydi.

Hamonki pastga — Boʻzsuvga qarab ketgan yoʻ.lda akamiing qorasi koʻrinmayotgan ekan, shiyponga oʻtmadimikan, degan oʻyga borib, tepadan tushib kelgan oʻq-ariq bilan oʻsha yoqqa burila qoldim. Negadir menga u shiyponga burilib, Haydar amaki, yo boʻlmasa, Sa’dulla doʻkay bilan suhbatni chortang qurib oʻtirganga oʻxshar edi.

Bogʻ ichi bilan kesib chiqib borsam... Yo tavba! Koʻcha tomoniga oq surup tortilgan, qolgan uch tomoni ochiq baland shiyponda u birgad bilan otamlashib oʻtiribdi. Men izlab borayotganimni allaqachon koʻrgan shekilli, toʻxtashim bilan qoʻl sermab chaqirdi: — Kelaver, pakana pari, men shoʻttaman! U ozgina musallas totinganmi, kayfi chogʻ, bir gapirib oʻn kular, hali yonboshlab, hali shiyponning panjarasiga suyanib, qoʻllarini yozib yuborar, oʻrta-oʻrtada tizzasiga urib, silkinib qoʻyar edi. Men gʻashim kelib, yomon koʻrib ketdim: u yoqda Margʻu kennoyim qay ahvolda-ku, bu yoqda bu kishim nima bilan mashgʻul?!

Bormaylayoq ariq boʻyiga oʻtirib oldim. U achchigʻim kelganini sezdi, shekilli, boshini orqaga tashlab-tashlab, xaxolab kulishdan toʻxtab, atrofga alanglashga, qaddini koʻtarib, meni izlashga tushdi. Axiyri koʻrib, yonboshlab yotgan Sa’dulla doʻkayga allanarsa deya, oʻrnidan qoʻzgʻaldi. U togʻamning nosrang-koʻkish kitel-shimida, kitelning tugmalarini yechib-yayrab oʻtirgan ekan, turishi bilan koʻkrakdor va boshi shiftga yetgudek boʻlib (yoki oʻzi shunaqa salobatli tortib ketganmidi) koʻrinib ketdi. U shiypondan tushib, etigini koʻlantayoq kiya, toʻgʻri men tomon yurdi.

Salobati bosib, oʻrnimdan qoʻzgʻaldim. Boyagi ginalarim ham qayoqqadir yoʻqoldi. Faqat, sal toʻliqib turibman.
— Akajon! Yaxshiyam shu yerda ekansiz! — dedim unga talpinib.
— Nima gap, nima boʻldi? — U ham bir narsa sezgandek yelkamdan quchib, bagʻriga tortdi. — Aytavur, kim yubordi? Axir, men hozirgina...
— Hech kim, hech kim, — deyman-u, u yogʻini aytolmayman. Margʻu kennoyimning nomini tilga olaman desam, ololmayman. Uch yoqdan kelayotganini-ku, aytolmasam ham kerak.
— Sen yashirmay aytavur, men bunaqa koʻrgiliklarga oʻrganib qoldim, Maqsud. Diydam qotib ketdi, — dedi boshimni silagancha. Soʻng choʻnqayib, yosh toʻla koʻzlarimga qadalib tikildi. — Nima gap, yana u sadporaning boshini... bogʻlayotgan emishlarmi?.. Qaerga? Yak-kabogʻgami yo boshqa tomonlarga? — dedi ovozi alla-qanday qaltirab. Undan musallas hidi anqir, sal kayfi ham bor edi.
— Bilmasam, akajon, bilmasam. Lekin uch yoqdan sovchi kelib turgan emish. Ertaga, ertaga manavining javobiii aytmasangiz, kech boʻlarmish. Tushunyapsizmi, kech boʻlarmish! — Men xatchani olib, uning kattakon kaftiga qoʻydim. Tumordek qilib qayrilgan xat uning kaftida kapalakdek titrab turardi.

Akam qimir etmay, qimirlasa, xatcha chindanam kapalakka aylanib uchib ketadigandek, qotib turdi-turdi-da, uni jur'atsizgina, barmoqlari beoʻxshov titragancha, ocha boshladi.

Yozugʻi ikki enlikkina edi.

Qarab turibman, shu toʻrt qatorgina baytnimi, iltijonimi oʻqib bitirguncha yuzlari somondek sargʻayib, qosh-koʻzlariga bir mung-xafalik inib ulgurdi. Tosh krtib, allamahalgacha kiprik qoqmay turdi va...
— Boraqol endi. Chop. Ilojini qilsam, oʻtaman hali, — dedi mahzun ohangda va tez qayrilib keta boshladi.

Men uning koʻzlariga qarab ulgurmadim. Bilagimga tomgan qaynoq yosh unikimidi, oʻzimnikimi — bilolmay qoldim...

U maishat qilib oʻtirgan boyagi yeriga yetib, yarim yonboshladiyam, qani men jilolsam joyimdan! «Topdim, aytdim, kelarkan hali!» deb chopsam, arziydi vaholanki. Lekin nimadir toʻxtatib turardi. Yo oʻzini unutar darajada kimlar bilandir ichib oʻtirishimi yoqmadi?..

Bir balo qilib yurdim ham, tepa yoqdan Haydar imakining shirali ovozi bogʻ boʻylab ohista tarala boshladi:

Malaksan yo bashar yo huru gʻilmonsan...

Shiypon tomondan ishkomlar ustilab uchib kelayotgan bu ovoz ta’riflab boʻlmas darajada goʻzal ham yoqimli, ichdan bir gʻalati hislarni toshdirib chiqaradigan ediki, bunaqasini endi eshitib turar edim. Beixtiyor qayrilib qaradim. Haydar amaki shiyponda akamning roʻparasiga choʻkkalab olib, qoʻlidagi likopchani bir ajib selpib-chertgancha, eshilib xonish qilmoqda edi.

Malaksan yo bashar yo huru gʻilmonsan —

bilib boʻlma-as...

Chordona qurvolgan akam halitdan sel boʻlib, chayqalishga tushgan. Kayfi oshib qolganmi va yo xonishning shu joyi yoqib ketganmi, hadeb qoʻl silkib, goʻyo qaytadan boshlashga undaydi, ulab ketishga qoʻymaydi. Haydar amaki ham uning koʻngliga qarab, qayta boshdan boshlaydi:

    Malaksan yo bashar yo huru gʻilmonsan — bilib boʻlmas,
    Bu lutfu nazokat birla sendan ayrilib boʻlmas.

U akamning dardinimi kuyga solib aytyapti yo oʻzining dardini kuylayaptimi, harholda, u yoqda ikkalasi ham sel boʻlib oqayotgan edi. Bu yoqda men ham boʻlarim boʻlgan.

    Ajib berahm dilbarsan... ajab shoʻxi sitamgarsan,
    Charogʻi husni roʻyingdan, bu koʻngilni uzib boʻlmas...

Salomxon Qozi

Men hushtagim ohangidan mast, oʻynoqlab-sakrab, yolgʻizoyoq yoʻllardan bogʻ oshib, tutzor oralab kelar ekanman, akamni topib, xatchani eltganimdan, yana javobini ham yetkazib qaytayotganimdan boshim osmonda edi. Bungacha kun qaytib, qushlar vajir-vujurlarini boshlab ulguribdilar. Hatto bogʻ etagidagi maymunjon qoplab yotgan xilvatgohdan uchib chiqqan qop-qora mayna qushlar ovloq hovuz boʻylariga bir yarashib turibdilar. Ular birdan «shaq-shaq»lab quvalasha ketdilaru oʻsha qorongʻi joylarga ham jon kiritib yubordilar.

Oq olmaning tagiga yetganda katta ariqdan sakrab oʻtib, tutzor ichi bilan yoʻl soldim. Burganlar tizza boʻyi boʻlib yotgan ekan. Hammayoqni kakra hidi tutib ketdi. Aksirib-la yubordim. Lekin qaytish qayoqda! Tutzorni kesib chiqib ketmoqchiman. Ola qanotlarini yoyib, dumini eshkak qilgancha, ustimdan zagʻizgʻon uchib oʻtdi. Ergashxoʻja amakining oʻrigiga oʻrlab ketgan aymoqi tokka chugʻurchukdar chunon yopirilishibdiki, maktab ochib, bir-birlariga gʻujum yutishdan dars berib yotishibdi. Faqat kurkinaklar koʻkdan pastlamay, bir chiroyli quvlashmachoq oʻynamoqdalar.

Men tutzorni kesib oʻtib, koʻcha yoqasidagi yongʻoqzordan chiqib bordim. Kayfim chogʻ, hech qanday mevaning betiga qaramay, hatto yangigina uchib tushgan zargʻaldoq xazonlar ustida yuzidan toʻri koʻchib, poʻchoqlaridan ajrab yotgan yongʻoqlargayam parvo qilmay, goh u oyogʻimda, goh bu oyogʻimda oʻynoqlab kelyapman. (Qoʻltigʻimga boʻy bezi kelib, allaqachon rasta boʻla boshlagan esam-da, bolaligim qolgani yoʻq.) Men oʻynoqlamay kim oʻynoqlasin: akamni topdim, omonatni topshirib, javob-xabarini ham kennoyimning singilchasiga aytib kslyapman.
— Voy, suyunchilik xabar-ku. Men opachamlarga ayta qolay, — deb chopqillab kirib ketganida surib yubora qoldim.

Qaytib chiqib, bir hayron qolsin: yerga kirdimmi, osmonga uchdimmi, bilolmasin. Opachasi — mening aziz Margʻu kennoyimni ham tasavvur etib turibman. Siniqqan yuzlari birdan ichidan nurlanib kelib, toʻlin oy tusini ola boshlaydi-da, salga yosh halqalanib ketaveradigan koʻzlari javdirab boʻysira singilchasini bagʻriga tortadi. Keyin sutga chayilgandek nimjon qoʻllari bilan peshonasini silab, «Oʻzimning popugim, beminnat xabarchimdan aylanay...» deb pichirlaydi. Shunda singilchasi meni aytadi. «Siz meni emas, Salom ammamning oʻgʻillarini alqang. Suyunchilikni oʻshalar keltirdilar», deb bidirlaydi.

Kennoyijonim im qoqadi: «Men uchun shuncha yelib-yugurgan qaynijonimdan oʻrgilay. Ilohim, ot bosmagan joylarni toy bosib, yaxshi joylardan ato qilsin. Allohimdan kechayu kunduz soʻraganim boʻlsin», deydi yana koʻzlarida yosh halqalanib kela boshlab...

Menga shu duosining oʻzi kifoya. Baxtimga sogʻ-omon boʻlsin; sogʻayiblar ketsa, boshiga yogʻilgan manavi shoʻrishlar arib, chiroyi ochilsa, akam bilan topishib ketsa, bas. Axir, kelin boʻlib tushsa, qayoqqa boradi? Mening chinakam aziz kennoyijonim boʻlib, shu uyimizga keladi-ku. Xonadonimizning bir safsar guliga aylanadi-ku.

Men shundayin oʻylar bilan koʻcha eshigimizdan kirib borsam, oyim supaning chetida muk tushib, sim-sim yigʻlab oʻtiribdilar. Mendan battar qoʻrqib ketdi. Qumri kennoyim tepalarida tipirchilab turibdilar.
— Voy, hay, opa, unaqamasdir? Siz oʻylaganchamasdir? Voy, hovliqmay mangina oʻlay. Qayoqdanam shu xabarni koʻtarib chiqdim?

«Oyi»lab menam chopib bordim:
— Oyijon, sizga nima boʻldi?

Oyim bagʻirlariga bosib, oʻkrab yubordilar:
— Boʻylaring choʻzila qolsayam mayli edi, yigit yeta qolsang ham mayli edi.

Yuzlariga yuzimni bosib, yelkalarini silkilashga tushdim, shunday qilsam, balki hushlariga kelarlar, nima gapligini aytarlar.
— Ayta qolsangiz-chi, oyijon!
— Togʻang boyaqish... — deb qattiqroq quchdilar oyim,— yolgʻiz mehribonimiz, soyai davlatimiz... hammaga kuyib, hammaga yugurib-elib, oʻziga yugurguvchi topilmagan jigarginam!..

Hech narsaga tushuna olmay yelkam osha Qumri kennoyimlarga qaradim. Togʻamga bir nima boʻlsa, nega bu kishi qolib, oyim huni-biyron yigʻlamoqdalar?.. Nega u kishi sochlarini yulib, oʻkrab-oʻkrab yigʻlash oʻrniga, oyimni yupatib yotibdilar? Shu vaqt kennoyim:
— Hay, opa, man anavi qirilgur adokatiga oboradiganimni oborib, uchrab-la keldim. Chiqarmay qayoqqa boradi?! — deb edilar, oyim shahd-la boshlarini koʻtarib, urushib tashladilar:
— Unda nimaga «opov»lab chiqdiz? Ukaginayiz qamoqdan armiyalarni afzal bilibdilar, deb? Sizmidiz oʻsha?..
— Man, opa, man. Man befarosatginani kechiring! Chiqargan xatlarini oʻshatta bittasiga oʻqita qoluvdim. — Qumri kennoyim azza-bazza choʻk tushib qoʻllarini koʻksilariga bosdilar. — Oʻsha yarim-yorti oʻqib, shundaykan desa, man oʻlgur chopib kelavuribman, opov! Yuraklariz toʻkilib ketdi, opajon, kechiring. Ana Maqsudxoʻjayiz keldi, oʻqitib koʻring oʻziz!..

Oyim boʻshashdilar. Boshlaridan sirgʻalib tushgan roʻmollarini olib, yoshlarini artdilar-da:
— Qani, oʻsha ordona?.. Bering bunga, — deb buyurdilar.
— Mana, opajon, mana. — Qumri kennoyim unniqib ketgan duxoba nimchalarining choʻntaklarini (hali unisini, hali bunisini) kavlashtira-kavlashtira, qat-qatlangan xatni topdilar. — Toʻtiyodek avaylab op-qoʻyibman, opa, mana.
— Ol, oʻgʻlim, oʻqib ber oʻzing. Togʻang boyaqish nelar dobdi ketar payti, — dedilar oyim diydalari yana yumshab.

Xat hozirgi imloda, ikki enlikkina ekan. Ammo aji-bujiligidan qiynaliblar ketdim boshlab olguncha. Lekin oyimgilar chidab, tishlarini-tishlariga bogib oʻtiribdilar. Bosib oʻtiribdilar-u, yuzlaridan duvva-duvva yosh dumalaydi.

«Abbos, oʻzingni bos (deb boshlangan edi xat). Men ketadurgan boʻlib qoldim. Sudlashib yurguncha, shu ma’qul koʻrindi. Kechir, sizlarni yolgʻizlatmoqchi emasdim. Ollohning xohlagani shu boʻldi. Yuz yil izlashganda qilcha qingʻirlik topisholmasdi ishimdan. Mayli, shularning ham sazasi oʻlmasin! Ketsam, ketaqolay. Umrim tergov berib oʻtgandan, shuyam afzal. Faqat ranjima mendan, saharlarda duoga qoʻshishni unutma. Joʻnashimni oʻzi xohlabdi, oʻzi qoʻllagay. Bizlarni urugʻigacha quritvoramiz, deganlar koʻp chiqqan... Abbos, bolalar oʻksimasin. Bilaman, sen tilla xotinsan! Chayirning chayirisan. Tosh kelsa kemirib, suv kelsa simira olasan. Jujuqlarni oʻzingga ishondim, seni esa, yolgʻiz Ollohimizga. Undan sabr tilanglar. Salom opamdan oʻrgan qanoatni. Fildek bardoshni. Ularga suyan. Anuv ozgina sarmoyani esa, behuda sarflab yurma bularga. Qaytaga bolalarni oʻqit. Erta birisi kun aqlini tanib qolsa, xor boʻlmaysizlar.

Robbim oʻzi toʻzim bersin sizlarga.

Otangiz Qoʻldoshxoʻjadan deb bilursizlar».

Oyim piqillab yigʻlab berdilar:
— Boyaqish ukaginam. Gʻururi yoʻl bermagan jigarginam. Oʻshalarning ham sazasi oʻlmasin, deb ketaveribdi. Uning oʻrnida boshqasi tupurardi oʻsha sazasiga! Bu... bu... bu...

Oyimga Qumri kennoyim qoʻshildilar sim-sim yigʻlab...

Men esam, ich-ichimdan alam uygʻonib, (urugʻimizgacha quritvormoqchi boʻlgan kim ekan, shu Akmal oʻrislarmi deyman-u), ikkalalarini yupatishga bir ogʻiz soʻz topolmayman.

Shu mahal oyim koʻzyoshlarini etaklariga artgancha, oirdan chappa jahllari tutib, Qumri kennoyimga oʻgirildilar:
— Hoy, Qumrixon, men sizga nima devdim? Qani, topgan odamiyiz qaysi togʻni qayirib berdi?
— Voy, opov, nimasini aytasiz-ov? Kimga aytaman dodimni-yov? — Qumri kennoyim toʻlib turgan ekanlar, tizzalariga mushtlab «yov-yov»lab qoldilar-ku. — Chuv tushirganda-tushirdiki, baloginalarga qovrulgur-ov.
— Hoy deganga qaramay, tashmalayverdingiz-tashmalayverdingiz. Ing desa oboraverdingiz, qoʻlini urib qoʻymabdi-ku! Ishqilib birovdan qarz-qurz koʻtargan emasmidiz?

Qumri kennoyim boʻzlay turib, oyimning yelkalaridan quchib oddilar:
— Man goʻlginani kechiring, opajon! Sizga quloq ossam, shu kunlar yoʻq edi, shu shoʻrishlar yoʻq edi. Oʻlganni ustiga chiqib tepishlarini men qaydan bilayin, opajo-on! Bu zamonda kuyganni talaydiganlar chiqib ketganini bilmabman-ov!
— «Opajon»lamay keting, — deb jerkib berdilar oyim, — tushunganroq odamdan olganmisiz, yo?..

Kennoyim xiqillab, yuz-koʻzlarini artdilar.
— Hakimbek akalaridan soʻray qoluvdim...
— Haytovur-haytovur, — deya oyim roʻmollarini toʻgʻrilab, oʻrinlaridan tura boshladilar. Hovurlaridan tushmay yana koyidilar: — Boshqa odam boʻlsa, kunda soʻrab kelavursa, bitizzi sotib berarmidiyiz, Qumrixon?
— Yoʻgʻ-e, — dedilar kennoyim ishonmay.
— Ha-ha, endi olib boʻbsiz! — dedilar oyim.
— Voy, oʻlay, hali soʻrab-la boramanmi? Bitmagach, qaytarib bermaydimi, opa? — dedilar u kishi.
— Qaytaradi, olib keli-ib, uzrlar ayti-ib tashlab ketadi. Sana-ab olasiz! — dedilar oyim va shahd obdastani olib, nari ketdilar. Kennoyim damlari ichlariga tushib, oʻtirib qolavurdilar, oyim yuz-koʻzlarini chayib, oshxonaga qaytdilar. Oʻqrayib oʻtib ketib, oʻchoqboshidan ovoz berdilar.
— Pochchaning kuyovlari raniy boʻlib qaytganmish. Katta ishlarda yuradigani-chi? Oʻshanga borasiz.
— Onamni Novzadagi kuyovlarini aytasiz-da? — Qumri kennoyimga jon bitib, oshxonaga pildiradilar. — Rahmatillaxonmidi?
— Najot oʻshandan. Bir siyosat qilsa, qaytaribam beradi, qarzdanam qutulasiz. Hozir zamon-zamon — otliqning zamoni.
— Voy, opa-ey, yaxshiyam siz borakansiz, boʻlmasa kimlarga sargʻayardim? Iloho, dunyo turguncha turing.

Kennoyim alqab-alqab chiqib ketdilar. Men esam, Izzaga otlandim. Issigʻida sigirimga oʻt gʻamlab qoʻymasam, sut qayoqdayu qaymoq qayoqda. Oyim dalaga chiqmay, koʻchib kelganimizdan beri moshinachilik qilib, kiyim tikyaptilar. Togʻam kattalar bilan gaplashib, daladan ozod qildirib qoʻyganlar. Ular ham oʻsha yoqdan urushga ketgan boʻlsalar, endi holimiz nima kecharkan — bilmayman. Moʻylovlarining tagidan jim-sassizgina, issiq iljayib qoʻyishlari shunday koʻz oldimda turibdi. Haftada bir otlarining boshini burib, kirib borishlari, opa, qanday oʻtiribsizlar, qachon koʻchirib ketay, deb hol-ahvol soʻrab qoʻyishlari bor edi. Togʻam ham katta davlatimiz ekanlar...

Gʻumayni arqon qilib oʻrib, oʻtni bogʻladim-da, orqalab chiqib, Izzaning bu betidagi tolning tagiga — hov oʻsha Mimit buva bilan suhbat qurgan joyimizga choʻzildim. Vaqtning oʻtishini qarang-a, yaqinda men Izzaning narigi yogʻilik, mehmon bola edim. Endi berigi yogʻidaman. Buva har koʻrganlarida:
— Qalaysiz, eshon bola, buvalaringizning yurtiga kelib olib, Yakkabogʻni sogʻinmayapsizmi? — deb iljayib qoʻyadilar. Sogʻinmay boʻlarkanmi! Sogʻinganimda chimga mana shunday chalqancha yotib olaman-da, eslay ketaman. Shunday kezlar juda maza-da, nihoyati koʻzingni yumib, atrofdan kelayotgan tovushlarga mahliyo boʻlib yotsang ham, har bitta tovush bir olam boʻlib, koʻz oldingga gavdalanib kelaveradi, kelaveradi...

Pastdan ship-ship qadam tovushi kela boshlab, sergak tortdim. Surgalibroq yurishidan qiz bolaniki qam emas, biz tengilarnikiyam, shunday chimzorda gur-sillabroq oyoq tashlashidan katta odam shekilli? boshimni dast koʻtargan edim, kelayotgan odam: «Voy-hoy, kimsan-nimasan?» deya shaytonlab qolayozdi. Keyin koʻksiga tuf-tuflab yaqinlashdi:
— Nauzambilloh, nauzambilloh, chuchkiribam qoʻymaysan-a, qizitaloq, yurakni chiqarding-ku? — dedi tanib.

Mirhomid amaki soʻmkasini oʻt ustiga tashlab, oyogʻini uzatgancha, yonimga oʻtirarkan, qitmirligi tutib, gegishdi:
— Sendan boʻlagi boʻlsa, «tini-mini, juldur-jup!» derdimu qiz bola qilib qoʻyardim. Ketimdan yigʻlab yurarding keyin.
— Hecham-de, — deb nariroq surildim.
— Ishonmaysanmi? — U azza-bazza choʻkkalab, kaftini kaftiga ishqadi. Men oʻtakam yorilib... ham kulgim qistab, yana nariroq jildim:
— Ishondim-ishondim-ishondim.

U issiq jilmayib, boyagidek oyogʻini uzatib oʻtirib oldi:
— Ha, mayli, sen oʻzimiznikisan...

Men azza-bazza qiziqib, yaqinroq keldim:
— Rostizzi ayting, shunaqa qilib qoʻya olasizmi?

Mirhomid amaki yana quv nigohini oʻsha yerimga tashlay boshlagan edi, yuragimga gʻulgʻula tushib, narigi yonimga oʻngarila, turib ketdim:
— Yoʻq-yoʻq, behazil-da — U kuldi:
— Ha, ana, behazil boʻlsa, behazil. — U oʻtiravur degandek imo qilib, endi nosqovogʻini olib, bamaylixotir kaftiga nos toʻka boshladi. Keyin tilining tagiga tashlab, labining chetida iljaydi: — Ishtashang shu oʻtirishingda yetti qavat oshmonga opshiqib-optushaman... Qoʻqmiyshanmi?

Men choʻkkalab olib, amakining boshdan-oyogʻiga ishonqiramay tikildim. — U ogʻzidagi nosi suv ochib, labini choʻchchaytirib, boyagidek iljaydi:
— Yoʻq, shen shordana qurib... Oʻtirvol-da. Men uning hazilini tushunib qolib, kuldim.
— Balki tahorat qilib olarman?
— Ha, darvoqe, — deya u ogʻzidagi nosni pastqamlikka «otib», menga oʻgirildi, — tahorat lozim. Sengayam, mengayam.

Men dovdirab qoldim: hazil desam, chindan moʻ'jiza koʻrsatmoqchimi bu odam. Rosti, yuragim chopmay:
— Unda, unda boshqa bir gal ekan-de, — dedim sir boy bermay.
— Boshqa gal boʻsa boshqa gal-da, pakana pari. Sen boshqachasan. Sendan boʻlakka bunaqa qudratimning urvogʻiniyam koʻrsatmasman.

Yopiray! Qarshimda chindanam ilmi simiyodan xabari bor odam oʻtiribdimi yo u meni kalaka qilyaptimi? Shoshma-chi, deya qitmirligim tutib ketdi.
— Unla anuv shapaloqday kitobni koʻrgan ekansiz-de?
— Koʻrganda qandoq!
— Demak, oʻqigansiz, shundaymi? — Men ijikilashga tushdim.
— He-e, qayoqda! Bizning tishimiz oʻtmaydi! — dedi u qoʻl siltab.
— Unda, unda qanday osmonga opchiqib... optushmoqchisiz?

U quv koʻzlarini qisib, iljaydi:
— Bir opchiqib, optushgim keldi-da, pakana pari.
— Hazilingizni qarangu... — dedim kulib.
— Xafa boʻlmaysan, men haddim sigʻib-da, pakana pari, — deb qoʻydi u va oftob urganda qaynatib, suviga choʻmilinadigan koʻkishtob oʻtni yulib, binafsharang guliga hardamxayol tikilib turdi-da, oʻtni tashlab, engahini siladi. — Darvoqe, uyda kim bor?
— Oyim borlar, nima edi?
— Tur, ketdik. Menga dalda boʻlib turasan.
— U nima deganingiz?

U tizzalari qisirlab oʻrnidan turdi-da, sumkasimi olayotib nochor iljaydi:
— Oldilariga solib quvvormasinlar tagʻin. Men hech narsa tushunmadim:
— Nega quvadilar?
— Yuravur-chi, — deya jiddiy bosh irgʻadi poʻchtachi amaki va oʻtni gʻumay-arqogʻidan koʻtarishib, yelkamga olishib yubordi-da, oʻzi izimdan ergashdi.

Tavba! Nega quvib solarkanlar oyim? Yo oʻzi shunaqa xabar bilan ketvottimi?

Eski oʻyma gulli, yolgʻiz tavaqali eshigimizga yetib, oʻtni yongʻoqning tagiga itqitdim va «keling», deb oʻgirilsam, Mirhomid amaki ostonadan oʻtolmay, iymanib turibdi.
— Ha, kiravurmaysizmi? — dedim qistab.
— Bormikanlar? — dedi u hamon alanglab. Men ichkariga qarab, chaqirib boraverdim:
— Oyi, qaytdasiz, mehmon opkevotman.

Oyim etaklarida jiyda, ishkom ortidan chiqib kel-dilar:
— Senmisan, bolam, opkiravur, mehmondan aylanay. Zinaning oldiga kelib, poʻchtachiga koʻzlari tushdiyu kapalaklari uchib, toʻxtab qoldilar. Qarasam, Mirhomid amaki bir xatni... (koʻrib, meni yuragim ham orqasiga tortib ketdi: togʻamga bir narsa boʻbdimi deb), bilagiga urib, nima qilarini bilmay turibdi. nix,oyat, poʻchtachiga til bitdi.
— Opa, mani kechiras, boshqalarning tashvishiniyam sizga koʻtarib keldim, — dedi.
— Tashvish?.. — dedilar oyim eslari ogʻib.
— Bu oʻzi Asol opamlarga tegishli. Lekin nima debam oboray?
— Nima dediyiz? — Oyim hushlarini yigʻishga urinib, bir qadam bosdilar.
— Manavi dardisarni-da.
— Tushunmadim, nima u? — Oyim etaklaridagi jiydani zinaning shunday biqinidagi chelakka solishni xayollariga keltirmas edilar.
— Janozadan keyin qora xat keb tursa, nima deyaringniyam... — deb mingʻirladi amaki.
— Voy oʻlmasam, Bahriddinginadanmi? — Oyim yuzlarini qoʻshqoʻllab changalladilar, etaklaridagi jiyda yer bilan bitta boʻlib ketdi. Shu barobar koʻcha eshik qattiq-qattiq taqilladi:
— Hov, Salompa?! Kim bor? — Hammadan ham men choʻchib tushdim. Chaqirgani mayli, zardasi olamni buzardi.

Oyim ovoz berarga ham hollari kelmay, oʻsha alpozda eslari ogʻib turarkanlar, Mirhomid amaki eshikni kattaroq ochib qaradi:
— Nima deysiz, kiravuring-da. Eshigimizning turumini buzgudek taqillatayotgan kim ekan, deb qoʻrqa-pisa oʻsha yoqqa yurdim. Qarasam, ostonada... Oʻsha meni Qangʻlida ushlab olib, sallotlarga bervormoqchi boʻlgan movut shapka — Akmal oʻris turibdi. Yuzlari boʻgʻriqib, qora qizil boʻlib ketibdi. Qoʻlida qamchisiyam bor. Men uni oʻshandan beri endi koʻrishim edi, taqqa toʻxtab qolibman. U ham meni koʻrib, tanidi. Esladiyam, lekin parvosiga ilmay, toʻgʻri hovliga kirib kela boshladi. Nimagadir shahdi buzuq. Nima balo, koʻrmi, yarim yoʻddanoq oyimlarga dagʻdagʻaga tushsa boʻladimi:
— Qani bu — anuv zoʻringiz? Indamasa, ja haddidan oshavurarkan-da?

Oyim endi oʻzlariga kelib, yerda choʻgʻdek sochilib yotgan jiydalarni bosib oladigandek tisarildilar va aylanib oʻtib, Akmal oʻrisga qarab yurdilar. Hozir boplaydilar, deb turibman ichimda. Lekin u qani sez-sa, tobora balanddan kelyapti.
— Shunaqa beboshvoq qoʻyvorganmisiz hali? Oyim uning roʻparasiga borib toʻxtadilar va:
— Kim? — dedilar goʻyo anglamagandek.

Akmal oʻris mosovsirab qoldi. Oyimning vajohatlaridan choʻchib, bir qadam tisarildi. Lekin past tushgisi kelmay toʻngʻilladi:
— Kim boʻlardi! Oʻsha muttaham asrandilaringiz-da. Hukumatning yuz-xotirini biladimi oʻzi?
— Mening nechta asrandim borakan va hukumatti qaysi arpasini xom oʻribdi? — dedilar oyim koʻzlarini oʻkday qadab.

Akmal oʻris qoʻl silkiladi:
— Menga bunday qaramang!.. Unday qaraguncha...
— Yoʻq, sen ayt, mening nechta asrandim borakan va... — deb gaplaridan qolmadilar oyim.
— Sultonmurodingizda oʻsha... — deb javob qilishga majbur boʻldi u.
— Xoʻsh? — dedilar oyim.
— Koʻrmaysizmi oʻzini! Koʻchirvoraman deydi! Uch soat muhlat qoʻyib ketipti! Nima, Kattabogʻni hokimi u ekanmi, muhlat qoʻyadi? Hukm chiqaradi? Kim boʻpti?! Nari borsa, bir ot oʻgʻrisi, qochoq — dizirtir-da.
— Hoy, shangʻi! — dedilar oyim kesib. — Sen oʻzi kimning uyiga kirvolib shangʻillayapsan? Seni kim chaqirdi? Muhlat bergan kimu kimning oldida turib-san? Erkak boʻlsang, bor, ana, oʻzining oldiga! Bu yerda nima bor? — Oyim zoʻr ekanlar, ikkita gap bilan popugini pasaytirib tashladilar. U tisarila borib, axiyri yalinib-yalpogʻlanishga tushdi.
— Hoy-hoy, hoy opa! Jon opa, avval eshiting. Qizishib ketgan boʻlsam, kechiring.

Oyim siltab tashladilar:
— Opa dema-e!
— Xoʻp, Salompa.
— Nomimni tilga olma!
— Xoʻp, mendan oʻtibdi, men benovat. — U nochor-ioiloj qoʻlini koʻksiga qoʻydi.

Oyim undan yuz oʻgira turib, sal yumshaganday boʻldilar.
— Nima deysan?
— Shu... shu ukamizga aytsangiz, — deya u hayiqib, ham elanibroq tikildi, — bu shahdidan qaytsa. Oltmishga kirgan onamiz zor qaqshab ostonada oʻtiribdilar.

Oyim kampirni eshitib, boʻshashdilar.
— Nimaga ostonada oʻtiradilar?
— Aytdim-ku, Sultonmurodiz muhlat qoʻyib ketibdi. Koʻchsa — koʻchdi, koʻchmasa, mendan koʻrmasin deb. Oʻzingiz oʻylang, opa, bir yerga koʻch orqalab... boradurgan zamonmi?
— Unaqa zamonmas, — dedilar oyim va yana ayni-dilar: — Men kimmanki, oʻrtalaringga tushsam?
— Bilaman, hamma sizga keladi, siz odil xotinsiz. Sizzi gapizzi ikkita qilolmaydi hech kim.

Oyim achchiq kuldilar:
— Shunaqami? Odil ekanmanmi?

Akmal oʻris bir narsa sezganday tovsillanib qoldi. Oyim esa, dona-dona qilib, qaytardilar:
— Odil boʻlsam, agar qozilik menga qolsa, bilasanmi, nima hukm chiqarardim?
— Nima?
— U uch soat muhlat beribdi-ku, men bir soatga qoldirmasdim... Sen bizga el boʻladigan odam ekansanmi? Sen odamlarning ichida bitgan qoramugʻsan, xasmolsan-ku! Sen oʻtirgan yerni qirib, kuydirib tash-lash kerak! Ana, eshitib ol bahoyingni! — dedilar qoʻl sermab-sermab.
— E, qoʻying-e! Sizni odam deb kelib yurgan men ahmoq! Uni buzganam oʻziz ekansiz-ku! — Akmal oʻris qamchisini etigining soxtiga shart-shurt urib chiqib keta boshladi. — Koʻraman oʻzining boshiga shu kunlar qaytib kelmaganini! Chiranmasin, hukumatni qoʻli Kattabogʻga yetmaskan, deb! Hali shunday shoʻrishlarni boshlaringga solsinki, xoʻja boʻlganlaringga yetti pushmonlar yelaring!

U eshikni taraqlatib yopib, chiqib ketdi.
— Har ne kelsa, Xudodan koʻrdik. Tepada ulugʻ hakam — Oʻzi bor, — dedilar oyim kutilmaganda moʻmin tortib va supaning bir chekkasiga jim choʻka qoldilar.

Tavba. Kechagi voqealardan yer yorilib, osmon qulab tushishi kerak edi. Tushmadi. Janozayam oʻtdi, sallotlari ham ketti. Hammasi tinchidi, deb oʻtirsak, bugun Mirhomid amaki qora xat koʻtarib kepturibdi. Qay biriga ishonasan? Xatgami, janozagami? Bu yoqda yana anuv Akmal oʻrisning mashmashasi. Akam unga muhlat qoʻyib ketganmish. Nimalar boʻlyapti oʻzi?

Bu orada oyim sal oʻzlariga kelib, sochlarini tuzatgan boʻldilar-da, roʻmollarini qayta oʻrab, oʻrinlaridan turdilar. Na ketarini, na ketmasini bilmay turgan Mirhomid amakiga yuzlanib:
— Mayli, tashlab keta qoling oʻsha dardisarni, — dedilar qult yutinib. — Sultonmurod kelsa, koʻrsatarman. — Keyin olib, uy tomon yurgan joylarida bir nimani eslab, yana qayrildilar: — Faqat, shu gap shu yerda qolsin. Asol opam bilmaganlari, yaralari yangilanmagani ma’qul. Bahriddinginayam yotgan joyida tinch yotsin. Maqsudxoʻja, senam eshitding-a?

Men bosh silkib ulgurmay, u kishi ichkariga qarab yurdilar. Biz esa, tashqariga.

«Oʻronni Ayt, Joningda Umiding Boʻlsa»

Oyim ikki kosagina shoʻrva qilibdilar, qovogʻini alohida, shoʻrvasini alohida suzib keldilar. Men dahlizga joy sola qolgan edim, chiroqni yoqib, eshikni sptirib qoʻydilar:
— Qarab turib, salqin tushib qopti-ku, bolam. Boyaqish akanglar nima qilishyapti ekan?

Men Boʻzsuvni qarorgoh tutib yotgan akalarimni eslab, achinib ketdim: bu yerda shunchalik xurillatib uryapti, u yoqda qanday ekan?..

Xayolim qochdi, chor tarafga jimjitlik, shomdan keyingi bir gʻaroyib xuftonoldi sokinligi yogʻgan. Hatto chiroq piligi qilt etmaydi, tinch yonmoqda. Faqat uzokda, balki Tuvakning oxirida — Qoʻshilishdadir — yolgʻiz laycha it jonini jabborga berib akillayaptiki, shu ham sokin kechaga yarashib turibdi.

Oyim qozonni yuvib keldilar, moshinalarini tokchadan olib, xontaxtaning bir yoniga oʻrinlashdilar. Msn hamon xayolim qochib, Jamshidshohning jomiga tikilganday, derazamiz koʻziga qadalib oʻtiribman: oyimning jim-jim, ishlarini bilib qilishlariga mahliyoman. Hech zerikmaganlari-chi. Charchamaydilar goʻyo, ordona qolsin, yotdim, it ham, qush ham tindi, men-chi, demaydilar.

Ishni endi qoʻlga oldilar, hali hov qachongacha oʻtiradilar. Moshina qulogʻi guvva-guvva aylanaveradi, oyim shigʻillatib kiyim tikaveradilar. Men tizzamda kitob, oynadagi aksimizdan koʻz uzmayman. Oʻtiribman xayolga tolib.

Nihoyat, moshina shirillashidan zerikdilar shekilli, oyim ipni uzib, kiyimni tizzalariga oldilar va chokini yoʻrmalarkanlar, sekin xirgoyi boshladilar.

    Toʻti qushning,
    Toʻti qushning
    bolasidek,
    Sen unda zor,
    Men bunda zor.
    Sarposiga...
    Sarposiga
    oʻt tushsun-e,
    Sen unda zor,
    Men bunda zor...

Oyim bosh koʻtarmay aytyaptilar-u, mening xayolimdan Sultonmurod akam bilan Margʻu kennoyimning savdolari oʻtaveradi, oʻtaveradi.

Bir kuni oyim kechki ovqatga oʻtirayotganimizda (u vaqtda Sultonmurod akam arava minar, Margʻu kennoyimning yoʻlini poylab yurgan kezlari edi) tergab qoldilar:
— Hay, Sultonmurod, san esingni yigʻib ol. Koʻpam bu kashmirilarning qiziga aylanishaverma. Bahriddin nima boʻldi? Bir marta tilimiz kuygani yetar...

Akam xaxolab kuldi, kulib yengmoqchi boʻldi.
— Voy, xola-ey! Juda ajoyibsiz-da. Har bitta begona kashmiri boʻlavursa, sogʻi kim qoladi?!
— Sen kulma. Bular shunday ustaki, koʻzingga qarab turib, avrab qoʻyganini bilmay qolasan.

Akam yana kuldi. Uning kayfi chogʻ edi.
— Koʻzingga qarab turib deng, a?!
— Ha, qarab turib, duosini oʻqib qoʻysa — tamomsan. Oyisining parilari borligini, childirma bilan odam oʻqishini bilmaysanmi?
— Bilaman, — dedi akam oʻsha-oʻsha kulib.
— Bilsang, nimaga kulyapsan? Akam gapini yalpizlashga tushdi:
— Yo rostdanam-de, xola. Hamma qatori bir qiz-ku.
— Ho-o, — dedilar oyim choʻzib, — hamma qatori ekanmi, voy tovva-ey.
— Boring, ana, sal koʻxdirokdir.
— Yana-chi?
— Sal... sal, nima desam ekan, — deb yamlandi akam va kuldi. — Oʻzingiz mendan yaxshi bilasiz-ku.
— Ha, bu boshqa gap. Koʻzingni shamgʻalat qilib, nimadir ichirib qoʻygan-u, yana tan olging kelmaydi.
— Voy xola-ey, mening koʻzimni shamgʻalat qila olarmidi?
— Rahmat, keling, ichkari kiring. — Oyim mehmonga yoʻl berib, chetlandilar. U ham tisarildi.
— Rahmat, men birrovgina kelganman. Sultonmurod akamiz bu ukachasini ola kelsang deb...

Men yuragim gupillab urib, «Qarorgohgami?» devorgim keldi. Oyim rozi boʻlaqolsalaru bu odamning otiga mingasha qolsam. Shunaqa uchib-qoʻnib turibman.

Ammo oyimning yuzlari tunddashib, allatovur norozilik qosh-kipriklari tomon bosib keldi.
— Nimaga kerak boʻlib qolibdi? — dedilar ensalari qotib.
— Zarur ekan, shekilli.
— Zarur gapi bor odam oʻzi kelavurmaydimi? Men bir nima deya olmay turibman.
— Gapimas, ishi bor, — dedi xabarchi.
— Ishi boʻlsayam!.. Elchi kalovlandi:
— Ishonmayapsizmi, xolamoyi? Oʻzim oborib, oʻzim obkelib qoʻyaman.

Ammo oyimning yuzlarida qani oʻzgarish koʻrinsa, unamay turibdilar. Mening esa, ichim tushib boryapti. Haytovur, elchi xatosini fahmlab qoldi:
— Aytmoqchi, bir xat borakanmi? — dedi menga.— Shuni olib borarkanmiz.

Oyim menga oʻgirildilar:
— Qanaqa xat?
— Anuv poʻchtachi keltirgan xatdir-da, — dedim

hovliqib.
— Ha, umi? — Oyim bir oz yumshab, choparga qaradilar. — Shunaqa demaysizmi?
— Kechirasiz, tushuntira olmabman, — dedi u.
— Chop, olib chiqaqol. Tokchada, anor gulli boʻka choynakning ichida turibdi.

Men qayrila, ichkariga uchdim. Bir yoqda ichim qizib, yuragim toshib boryapti: hazilakam gapmi, qarorgohga borarkanmiz! Va nihoyat har xil oʻgʻri-kazzoblarni, qochgan-quvgan qaroqchiyu yoʻltoʻsarlarning adabini berib Kattaboqqa yoʻlatmayotgan yigitlarni, ularning qoʻrboshisini qarorgohlarida koʻraman! Rostdanam uni shunday atasharmikan? Yo qoʻmondir deyisharmikan?

Otga mingashdim. Oyim eshik tagida, qoʻlda chiroq: — Hay, men kutib, uxlamay oʻtiraman-a, — deb tayinlab-tayinlab qoldilar.

Ketyapmiz. Akrom togʻamgilarning eshigidan burilgan bogʻkoʻcha bilan. Bogʻkoʻchaki, daraxtlar oʻrmonday oʻrab ketgan, tepasida tutashib, ishkom boʻlib yotibdi. Na osmon koʻrinadi, na yulduzlar. Har yer-har yeridagi yakka tavaqali pastak eshiklar gʻira-shira gʻor ogʻziga oʻxshaydi...

Ot juda yoʻrgʻa ekan. Qorongʻi koʻchada ham hurkimay, yoʻlini topib boryapti. Tuyoq tovushi tuproqda susayib, zarangga borganda jaranglaydi. Hatto «taraqa-taraq»lab ketadi. Bu koʻchada uchta xolam turishadi. Boshlanishida Mubor xolamlarniki bor. Katta ish-komzor bogʻlaridan keyin Hidoy xolamlarniki boshlanadi. Keyin oxirida — Boʻzsuv tepalariga yaqin joyda Oyposhsha xolamlarniki. Ularning bogʻi haligi «Gʻani — boshing qani» qorovul boʻlib turgan qovunpolizga borib tutashadi. Men bu yerlarga koʻp kelganman, xolavachchalarim bilan bu bogʻlarning bir yarim paxsali devorlaridan koʻp oshib, unisidan bunisiga oʻtib yurganmiz. Koʻzimizni bogʻlab qoʻysa, chillakiyu daroyi bitadigan ishkomlarni topib bora olamiz. Lekin hozir koʻcha bir gʻaroyib, ertaklardagidek sirli va jim-jit edi. Xuddi boshqa bir olamga, boshqa bir mamlakatga tushib qolganga oʻxshaymiz.

Nihoyat, Allon otaning eshigidan oʻtganimizda, oldinda gʻorning ogʻzidek oqarishib, koʻchaning oxiri koʻrindi. Shu vaqt chopar ot jilovini bexos tortdiyu u jonivor dabdurustdan toʻxtay olmay qayrilib, gir aylandi. Va men ustidan uchib ketdim.
— E-e, chitton ukam, qanisan? Qayoqqa uchding? — dedi otliq meni yoʻqotib qoʻyib. Ammo u tushguncha, men sapchib turib, ust-boshim, tizzalarimni qoqa boshladim.
— Ey, xayriyat-xayriyat, — dedi u yelkamdan quchib,— yomon tushmadingmi?

Men tirsagim jizillab achishayotgan boʻlsa-da:
— Yoʻq-yoʻq, hechqisi yoʻq, — der, qayoqqadir uchib ketgan doʻppimni izlab topolmas edim. Bu yer haybatli azim yongʻoqlarning tagi boʻlgani uchunmi, juda qoron-gʻi edi. Doʻppimni paypaslay-paypaslay zoʻrgʻa topdik.
— Endi bunday qilamiz, — dedi u nihoyat xijolat aralash, — sen otga minib olasan, men yetaklayman.
— Yoʻq-yoʻq, men orqangizdan chopib boravuraman,— dedim unamay.

U koʻnmadi.
— Taomil shunday, — dedi, — qarorgohimizga hech kim kirishi mumkinmas. Kirsayam, koʻzini bogʻlab olib kirib, olib chiqamiz. Xafa boʻlmaysan sen ham. — U belidan bitta qiyigʻini yechib, ot jilovini bilagiga soldi. Belbogʻni ikki-uch aylantirib, koʻzimni sirib bogʻladi-da, ustidan paypaslab qoʻydi. — Qattiq tortvormadimmi?

Sal boʻshattirgim kelib tursa-da, aytgani uyaddim.
— Endi oyoqni uzangiga qoʻyib... — U meni otning oniga olib borib, tovonimdan asta koʻtardi. — ... ha, mana shunday qoʻyib, egarni ushlaysanu... dast koʻtarilib, bunisini egardan oshirasan. Qani, mindik.

Ot jonivor pishqirib, tipirchilab turibdi. Ustimga qaysi begona minyapti ekan, deyaptimi?.. Hali oldinga, hali orqaga borib keladi. Men esam, yorugʻ kunda ot minmagan odam, uzangiga oyogʻimni qoʻyib siltanib, chapini oshirdimu quling oʻrgilsin egarga qoʻndoqday joylashib oldim.
— Ha, barrakalla. Ana endi egarning qoshini mahkam ushlab, ikkala oyogʻingni ham ayilga tiqib ol. Qoʻrqma, men yoningdaman, — deya ot jilovini silkiladi: — Chu, jonivor.

Men qalqib, egar qoshini mahkam changalladim. Oyogʻim osmondan boʻlib, egardan uchib ketishimga bir bahya qoldi.

Sal oʻtmay, otning loʻkir-loʻkiri hech gap boʻlmay ancha egarga oʻrganib qoldim. Ketyapmiz-ketyapmiz, baland chiqib, past tushib, yana aylanma, bahavo yoʻllardan oʻtib, qani mening tasavvurimdagi manzilga yetsak. Allaqachon Boʻzsuv boʻyiga borib, otdan tushib, yolgʻiz-oyoq yoʻllar bilan suv yoqalab, qamishzorlar oralab ketgan boʻlishimiz, jilla qursa, yovvoyi yalpiz hidlari aralash anuv katta suvning hidi dimoqqa urilishi kerak edi. Yoʻq, allaqanday soʻqmoqdan hamon koʻtarilib boryapmiz. Yoʻllaru qayrilishlarda necha tunqorovullardan oʻtdik. Ular allaqaysi oʻr yoki qirdan:
— Kimsan, toʻxta! As-saloming qani? Oʻronni ayt! — deb chiqishadi.

Xabarchi-chopar hammasiga bir xil:
— Assalomu alaykum va rohmatullohi va barakotuh, — deb boryapti. Ular:
— Maqsuding nima? — deb soʻraydilar.
— Al-qasosu min al-haq, — degachgina:
— Oʻt, — deb ruxsat beradilar.

Axiyri uchinchi tunqorovuli tepamizdan tushib keldi:
— Qayt, otilasan!

Ot hurkib, soʻqmoqdan toyilib, orqa oyogʻi allaqanday ariqqa tushib ketdi. Suvu loy chaloplab, ot quruq yerga chiqishga unnaldi. Men esam egarga yopishdim.
— Menman, Xudoynazar, —— dedi chopar ot bilan ovora ekan.
— Sen-peningni tanimayman. Oʻronni ayt, joningdan umiding boʻlsa!
— Xoʻp, ana: «Assalomu alaykum va rohmatullohi va barakotuh». Koʻngling toʻldimi?
— «Ana»ng nimasi? Maqsudingni ayt!
— Bir kunda necha marta soʻraysan, xumpar?

Soqchi koʻnmadi:
— Qoidali qilib ayt.
— Al-qasosu min al-haq. Koʻrmayapsanmi, odam olib kelyapman?! Oʻtagʻasining topshirigʻi bilan.
— Menga desa, tilla obkelmaysanmi! «Assalom»ing boʻlmasa, peshonangdan darcha ochib yuboraveraman. Oʻt, — dedi u «xon»ligidan tushmay.
— Senam shoshmay tur, qoʻlimga tusharsan, — dedi bu ham kulib, — xap saloming boʻlmasa, ikki yamlab bir yutay.

Kimdir shipillab kelib, otning jilovini oldi.
— Buningning sumakday burnichasi-chi? Xalaqit qilmaydimi? — deb «qih-qih»lab kuldi.
— E, darvoqe-ya, — dedi Toyir aka. — Keyin bunaqa burunni qaerdan topamiz!..
— Hov, oʻt-oʻt, koʻp mahmadana boʻlma, qulogʻingni chinoq qilib qoʻymasimdan.

Qikir-qikir bilan elchi tirsagimdan ushlab tortdi:
— Tushaqoling, janoblari, yetib keldik.

Men chap oyogʻimni ayil orasidan chiqardimu oldimdan oshirib oʻtkazmoqchi edim, eplay olmadim. Elchi kuldi.
— Iya, chavandoz, koʻzni chirt yumib, minvorgan edingiz-ku.

Aytmoqchi, bunday edi-ya! Ogʻirligimni bir oyoqqa solgancha, yolgʻiz uzangida dast koʻtarildim-u, egarni koʻyib yubormay, bu oyogʻimni ot ustidan oshirdim. U esa, qoʻltigʻimdan ushlab, yengil tushirib olarkan:
— Ha, barakalla, bu boshqa gap, — deb qoʻydi va oldinga oʻtdi. — Endi mening qiyigʻimni qoʻyvormay, orqamdan yurasiz.

Uning etigiga qoqila-qoqila borib, zinalardan tusha boshladik. Pastdan nam tuproq isi gurkirab kelar edi. Nari borsa, bir hafta burun qazilgan-ov. Tekis joyga tushganimizda birov pangʻ ovozda:
— Ha, olachipor, senmisan?! Yechaqol koʻzini, qiynab qoʻyibsan-ku, bolapaqirni, — dedi. Undan moxorka hidi anqir, hozir ham chekayotganga oʻxshar edi.
— Bumi, bu zoʻr! Gʻing degani yoʻq gyauncha joydan beri, Gʻulom akasi, — deya chopar koʻzimdagi belbogʻni bir tortvorgan edi, shunday qattiq bogʻlangan narsa, sirgʻalib chechilib ketdi.

Hech narsa koʻrmay ham, ajratolmay ham qoldim. Sruqqa qarasam, koʻz oddim qamashib ketayotibdi, jon qolatda bosh chayqab, koʻzimni olib qochdim. Moxorka x,idi gurkirab kelayotgan haligi odam yelkamga qoqdi:
— Qoʻrqma, pakana pari. Bu Toyir zakun shunaqa, sshtilganday bajarmasa, xotini taloq boʻladi.

Xiyla vaqtdan keyin boshimni koʻtarsam, adyol osilgan pastak eshik yonidagi kamgakda taqa moʻylovli bir odam tizzasiga miltigʻini qoʻyib oʻtiribdi. U koʻzimni ochganimni koʻrib, qoshiyu moʻylovini oʻynatib, iljayib qoʻyib, choparga:
— Opkiravur, zakun, nima, sengayam alohida takalluf zarurmi? — deb kuddi.

Toyir zakun toʻnining barlarini tortib, belbogʻini toʻgʻrilagan boʻldi va askarlarday qaddini gʻoz tutib:
— Yolgʻizlarmi? — dedi adyolni koʻtarishga yuragi dov berinqiramay.
— Birov boʻlsa, men seni qoʻyarmidim, ovsar, — dedi amaki chakkasiga barmogʻini nuqub kulganicha.
— Ha, endi xoʻjayinning fe’llarini bilasiz-ku.
— Bilaman-bilaman. Oʻzi senlarga shunaqa bittasi kerak. Boʻlmasa, oʻzing xon, koʻlankang maydon boʻp ketasanlar. Bor, kiravur, men ruxsat berdim.
— Hay, kirsak kirdik, — deb u adyol-eshikni shart ochib, bir qadam bosdi. Ammo: — Mumkinmi, Katta aka? — deguncha boʻlmay, adyol tushib, oʻzi narigi yoqda qoldi.

Men tokchadagi osmachiroq oldida tik turgancha allanimani yorugʻga solib tozalayotgan akamni (uning orqasiga ilashgan soyasi yertoʻlaning yarmini egallab, vahimaning oʻzi boʻlib qolgan edi) koʻrib, yuragim bir orziqib tushdi. Tomogʻimga bir nima tiqilib keldi. Adyol orqasidan uning boʻgʻiq ovozi eshitiddi:
— Opkeldingmi?
— Opkeldim, xoʻjayin.
— Opkir.
— Xoʻp, xoʻjayin!

U boyagidek shaxt bilan adyolni koʻtarib, bosh irgʻadi:
— Kir, ogʻaynichalish.

Men ichkariga bir qadam bosib, toʻxtadim.

Akam qoʻlidagi tozalayotgan toʻpponchani tokchaga, latta ustiga qoʻyib oʻtirildi, ammo betimga qarab ham qoʻymadi.
— Senga javob, Toyir. Faqat, uzoq ketma, — dedi choparga.
— Xoʻp, xoʻjayin, — deya Toyir chopar qayrilib chiqib ketdi.

Men akamni qanchalar sogʻinib, koʻrishga oʻlib-intiqib kelsam-u, u hushsizgina kutib olsa... Alam qildi.

Janozadan Keyingi... Qora Xat

Qarorgoh bizning dahlizdan ham tor edi. Pastak tokchali uy. Tokchayam faqat bir tomonida. Boshqa devori tekis qirqib tushirilgan. Tagida uch-toʻrt odam zoʻrgʻa sigʻadigan soʻri. Atrofiga yupqa koʻrpacha bilan poʻstak tashlab qoʻyilibdi. Xontaxta ustida qalin muqovali katta kitob. Xuddi oyim har zamonda hijjalab oʻqib qoladigan kitobga oʻxshaydi. Qur'on shekilli.

U nihoyat moylattani tokchaga tashlab, xiyol ochilibroq qaradi.
— Qani, koʻrishib qoʻyaylik-chi. Avvalo, salom qani, pakana pari? — dedi u tanbeh berib.

I-i... Hayajondan salom berishni ham unutibmiz-ku. Shunga gʻalati kutib olgan ekan-da. Xatoimni toʻgʻrilab, darhol qoʻlimni kaftiga tashladim:
— Assalomu alaykum.
— Va alaykum... Mana bu boshqa gap!

Izza boʻlib, quloqlarimning tagigacha lovullab ketdi.
— Kechirasiz, esimdan chiqib qopti...
— Mayli, oʻtir. Uylar tinchmi? Xolam yaxshimilar? Oʻzing qalaysan?

Akam soʻrining bir chetiga oʻtirib, chordona qurib oldi.

Men esam, endi oʻzimni erkin seza boshladim. Suqlanib tikilaman. Tikilib, hech toʻymayman. Savollariga javob qilyapman-u, lekin nima deganimni eslamayman. Qarang-a, hamma uni yomon yoʻllarga kirib ketgan deb yuribdi, u boʻlsa... Qanday qarorgohlar tikibdi! Qanday tartiblar oʻrnatibdi! Kechalari birovlarnikiga tushib, kimning sigiri, kimning qoʻyini, kimning qopdagi joʻxorisini oʻmarib ketayotganlarni tizginlab, Kattabogʻni soʻrab turishgani-chi. Hatto oblochilar yurak yutib roʻbaroʻ kelisholmayotganmish bularga.

U ichimda joʻsh urayotgan hislarni sezdi shekilli, aftimga akalik sogʻinchi bilan tikilib, bosh irgʻadi:
— Opkeldingmi soʻratgan narsamni, pakana pari?
— Ha-da!

Shundagina nimaga kelganim esimga tushdi. Shoshib qoʻynimni kavlashtirishga tushdim. Sultonmurod akam ishonqiramay, men tomon sal engashdi:
— Rostdanam poʻchtachi keltirdimi?
— Emasa-chi! Mana, oʻzi. — Qora xat qoʻynimning orqasiga oʻtib ketgan ekan, olib uzatdim.

Koʻrib turibman: akamning rangi quv uchdi. Bir muddat koʻzlarini yumib, jim qoldi. Soʻng «Yopiray-ya!» deganicha, koʻzlarini ochib, qora xatni poʻstak ustiga tashladi. (Balki tushib ketgandir, harqalay qanday tushganini sezmay-la qoldim.) Oʻtirgan yerida oʻrnasha olmay orqasiga suyaldi va oyoqlarini uzatib yubo-rib, tinchidi. Qoʻli engahida. Koʻzlari yumuq, oʻzi qilt etmaydi. Bir qoʻlini koʻksida chirmashtirgan, boshqasi bilan engahini ushlab, boshini yertoʻla devoriga tiragan koʻyi, uzanib oʻtirishi — uning bu holi juda gʻalati koʻrinardi. Men uni hech bu alpozda koʻrmaganman. Yuzi dam oqarib, dam boʻgʻriqib ketadi. Ich-ichidan oʻzi bilan oʻzi olishib, ich-etini yeb borayotgani shunday koʻrinib turibdi. Nihoyat, pishillab chuqur tin oldi-da, qaddini koʻtardi.
— Unda... unda biz koʻmib kelgan odam kim? Mendan soʻradimi, oʻziga-oʻzi gapirdimi — bilib boʻlmasdi. Har ehtimolga qarshi men yelka qisdim.

Chindan ham, kim? Bu yoqda Parpi bebaxt, men otib qoʻyganman, deb tan olib turgan boʻlsa... Yana qaysi tepaning tagiga koʻmganigacha aytgan boʻlsa?!. Janozadan keyingi qora xat rostdan ham qiziq-da! Asol xolam sogʻ paytlari eshitsalarmi, shaytonlab qolarmidilar?.. Odamlarga ovoza boʻlsa, nima deydi?..

Sultonmurod akam xatni yana poʻstak ustidan olib, aylantirib koʻra boshladi va battar boʻgʻriqib, asabiy bir holatda etigining qoʻnjiga tiqib qoʻydi. Oʻrnidan turib, yertoʻlani bir aylanib keldi. Soyasi yertoʻla soʻrisiyu devoriyu shifti boʻylab bir-bir koʻchib, qaytib oʻtirgan joyga mixlandi.
— Nima qildik-a, pakana pari, juda gʻalati-ku?
— Oyim berkitib tashlagan edilar. Hech kim bilmay qoʻyaqolsin, deb. Siz qaerdan eshitdingiz?
— Bu yogʻi bilan ishing boʻlmasin... — dedi u.
— Lekin...
— Nima lekin?
— Boshqa birovlar ham eshitsa-chi? — Mening eng katta xavotirim — bu gap Asol xolamning quloqlariga ham yetib borishi edi.
— He, qayoqda! — deb kuldi akam. — Yigitlarning ogʻzi qattiq... Bu yer urushdan qochganlarning qal'asi emas.
— Kattabogʻ qoʻriqchilarining qal'asimi? — deb yubordim chindanam akamga havasim kelib.
— Shunga oʻxshashroq. Boʻlmasa, har xil qalangʻi-qasangʻilar bosib ketadi. Hozir shunaqa payt. — keyin negadir qoʻshib qoʻydi: — Sen oʻylama, bular paqqos bekorxoʻjalar ekan, deb. Ular kunduzi dalasida ishini qilib, kechasiga keladi qarorgohga.

Unda hukumat-chi? Nega ustma-ust oblochilarminan askarini yuborib yotibdi? Bularning kimligini bilmaydimi?

Akam doʻppisini tizzasiga kiydirib, jiyagini tortib-tortib aylantirdi. Keyin kaftiga urib-urib qoqarkan, boyagiday:
— Nima qildig-a? — deb qoʻydi yana.
— Oyimning bilganlari bilgan, — dedim men. — Isini chiqarmay...
— Yo-oq! — Akam sapchib turib ketdi, soyasi bilan shiftga urilib, butun devorni chirokdan toʻsdi-qoʻydi. — Birov bilmagani bilan, oʻzim-chi? Manavi yerim-chi?! Koʻkragimga qanday sigʻdirib yuraman? tushunasanmi shuni? — U xonani bir aylanib kelib, boyagidek tek qotdi. Koʻzi etigining uchida, qoʻli iyagi-da. Soʻng ilkis bosh chayqab, boyagidek ohangda davom etdi: — Uning qotilini topguncha, ona sutim ogʻzimga kelib edi, endi damimni ichimga yutib, jim ketaymi? Yo-oq. Bungacha kimlarni qanday chigʻiriqlardan oʻtkazmadim! Qanday qiynoqlarga solmadim! Endi manavi bir parcha qogʻozminan... — U xatni etigining qoʻnjidan sugʻurib olib, silkidi: — ... hammasi bekor boʻlib chiqsa, men nima degan odamman?! Shuni oʻylaysanmi, Maqsud?!

Men oʻzim sezmagan holda oʻrnimdan turib, imtihon berayotgan boladay uning qarshisida tik qotib qopman. Boshim solinib boryapti: chindanam, odamlarga nima deydi?
— Bu yoqda hali Parpi turibdi, — dedi u hansirab, — qasos talab qilmaganda ham... ertaga roʻzi mahsharda nima deb javob qilaman? — U engashib, naq burnimning tagida kaftining orqasini kaftiga ura-ura qaytardi: — Ana shunisi meni ezyapti, bilsang. Yuragimni tilka-tilka qilyapti, bilsang... — Soʻngra birdan oʻylanib qoldi. — Yo haliyam boʻlsa, oʻzini chaqirib, Parpi oʻgʻrini chaqirib... — dedi. Fikri oʻziga yoqmadi, shekilli, boyaginday ilkis bosh chayqadi: — Yo-oq! Men oʻyin qilolmayman. Shuncha gapdan keyin yana oʻyin qilish, sinash Xudoga ham xush kelmasa kerak. — U qayrilib nari ketdi. Borib, asabiy holatda chiroqning piligini tushirib-chiqara boshladi. Bunga sari soyasi yertoʻla ichida dam yoyilib, dam torayar, shunda uning boshiyu orqa yelkalaridan qop-qora nur taralayotganga oʻxshab ketar edi. Uzi ulkan qora odamga aylanardi. Qaerdanam Parpi esiga tushdi! Akam hech oʻzini bosib ololmasdi: — Koʻmganimiz Bahriddin boʻlib chiqmagan taqdirda ham, u lain qancha odamning boshiga yetmagan, yostigʻini quritmagan! Kimlarni qaysi pastqamda tunab, otib ketmagan... Hatto qarindoshlarini, tugʻishganlarini talagan odam, axir bundan boshqa qanday jazoga loyiq ekan?!

Men gʻing deya olmasam-da, ich-ichimdan unga hayratlanib turibman: zoʻr ekan-ku akam! Bilmas ekanmiz-ku biz!

U yertoʻlani ikki aylanib kelib, nihoyat sal yumshadi.
— Bu ishlarni men nima uchun, kim uchun qildim? — dedi kuyinib. — Doʻstimni, jigarimni deb qiluvdim-ku! Bahriddinni deb uni shu koʻyga soluvdim-ku. Endi oʻsha jasad, biz koʻmib kelgan oʻsha ustixonlar Bahriddinikimas, boʻlakniki boʻlib chiqsa... Asol xolamning koʻzlariga qanday qarayman? Tirik farzandlarini eldan burun oʻldiga chiqarib?..

Yonib-lovullab, oʻt-olov boʻlib turgan odam birdan mungʻayib, boʻshashib qoldi. Qargʻishga yoʻliqqan kimsadek, turib-turib joyiga surindi va pastak soʻrining bir chetiga omonatgina choʻkib, boshini qoʻllari orasiga oldi. Qaerdanam koʻrsatdik? Nimagayam olib keldim bu xatni? Men nima deb koʻnglini koʻtararimni bilmay xijolatga botib turarkanman, kutilmaganda u boshini koʻtardi va bir gʻalati xavotirlanib, koʻzlarimga tikildi:
— Margʻu kennoying... eshitmadimi ishqilib?
— Yoʻq, aytib boʻladimi! — dedim men.
— Nimasini aytasan! Shuncha koʻrgiliklar kammi unga?! Kuygancha kuydi-ku...

Boʻgʻzimga issiq bir narsa qadalib, chetga qarab oldim. Akam ham turib ketdi va ovozi yertoʻla ichida boʻgʻiq guldirab:
— Gʻulom aka?! — dedi. Adyol ortidan javob boʻldi:
— Labbay oʻtagʻasi?..
— Bu yoqqa qaravoring.

Adyol silkinib, cheti koʻtarildi va haligi odamoxun kishining yuzi koʻrindi:
— Xizmat, oʻtagʻasi?
— Beri kelavuring, — dedi akam. Gʻulom aka bir qadam bosib, qurolini tik tutgancha toʻxtadi:
— Aytavering, oʻtagʻasi.

Akam borib, chiroqning piligini koʻtardi:
— Sizdan bir narsani soʻrasam...
— Soʻrayvering, jonim bilan.
— Siz Parpining soʻrogʻida... bormidingiz?
— Boʻlmasa-chi! — Amaki chuvak yuzi yorishib, emin-erkin kulimsiradi va akam qolib, menga tushuntira ketdi: — Oʻng tomonidagi qoʻriqchilari kim ekan — akang qaragʻay edim-ku...

Akam tomoq qirdi:
— Oʻshanda... Oʻshanda Bahriddinning kuyovlik kiyimlarini nima qilganmiz devdi? Sotganmi yo?..
— He-h, Parpi boʻladiyu zarbof toʻni bilan koʻmvoradimi, oʻtagʻasi? Oʻz qoʻli bilan oʻsha ikki xuftondayoq oʻlikdan chechib olgan bu goʻrsoʻxta! .. — deya soʻkindi Gʻulom aka va yana ijirgʻanib, allambalolar deya oʻzicha mingʻirladi.
— Yo-oq, Gʻulom aka, siz shaxsan oʻzi nima deganini ayting menga! Eslay olasizmi?
— Nega eslamay, shunday yonida, bir qadamgina orqasida turibman-ku, eshitmay boʻladimi?..

Akam betoqatlandi:
— Eshitgan boʻlsangiz, u yaramasning oʻzi, oʻz ogʻzi bilan nima degan?
— Oʻz ogʻzi bilan, oʻz ogʻzi bilan... — Gʻulom aka iyagini qashlay turib, shaxt-la miltigʻini koʻtardi. — Esladim! «Eski Juvaning bozorida loylab, Janggohda ichvorganmiz», degan edi. Yatim mol teshib chiqqur...

Akamning yuzi yorishib ketdi:
— Esladim-esladim. Bozorga olib tushganmiz, deb edi. Janggohgayam kirgan ekanmi?

Gʻulom aka qoʻl siltab, menga yuz burdi (Uning shuiaqa odati bor ekan, birov qolib, birovga gap tushuntiradigan):
— Kirgan-kirgan. Oʻlgudek boʻkib ichgan. Hazarni biladimi bu goʻrsoʻxta. Hukumatni qoʻliga tushsa, otuv berardi, tagʻinam...
— Hukumatning yoʻrigʻi boshqa, bizniki boshqa, — dedi akam joyiga qaytib. — Men «qiz oʻrtogʻim»ning oʻligini topib, joyi rostoniga qoʻyishim kerak edi, koʻydim. Adolat qilishim kerak edi, qildim. Doʻstimning ruhi shod boʻlsa, bas, — dedi hushi ogʻibroq.
— Xudo rahmatiga olgan boʻlsin, birovning asrandisi edi, sendan rozi ketdi, — dedi Gʻulom aka yuziga fotiha tortib. Soʻng akamga javdirab boqdi: — Men boraverayinmi, oʻtagʻasi?
— Ha, darvoqe, — akam hushi joyiga kelib, buyurdi: — Toyirni chaqiring. Buni eltib qoʻysin, hayallab ketdi.
— Xoʻb boʻladi, oʻtagʻasi.

Gʻulom aka burilib chiqib, adyol silkingancha qoldi. Akam oʻrnidan turib kelib, meni soʻzsiz bagʻriga tortdi va akalik mehri ila kuraklarimni siladi:
— Ularga salom ayt mendan, xoʻp? — dedi allaqanday toʻliqib. — Koʻrarsan, axir?

Bu salom kimga tegishli ekanini anglab, oʻrtalaridagi bu savdolarga men ham aloqadordek, koʻnglim buzildi. Chetga qaradim. Koʻz yoshlarim ortidan... hurilarday, parilarday boʻlib Margʻu kennoyim gavdalanib kelar edi...

Yana koʻzlarimni bogʻlab, oʻsha hurkak otga mindirishdi.

Yana oʻsha Toyir zakun baland-past, aylanma yoʻllar bilan otni yetaklab ketdi.

Ammo bu gal hech kim salom soʻrab, ioʻlimizni toʻsib chiqmadi.

Yana oʻsha Allon otaning eshigiga yetib, azim yongʻoqlar tagida toʻxtadik.
— Koʻzingni yechib ol, boʻldi, — dedi Toyir zakun va iymanib qoʻshib qoʻydi: — Xafa boʻlmaysan-da, ogʻaynichalish, tartib shunday!

Men qoʻshqoʻllab qiyiqni boshimdan chiqarib oldim-u, lekin zim-ziyo qorongʻilikdan boʻlak hech narsani koʻrmadim. Qaytaga koʻzim bogʻliqligida bir nar-salarni tasavvur qilib-koʻrib borayotib edim.

Chopar tizzamga shapatiladi:
— Endi oyogʻingni uzangidan chiqarib, orqaga suril.

Shundagina uning qop-qora, bahaybat ekanini (shu turishda u yelkamdan kelar edi) koʻrib, choʻchib tushdim. Keyin bilsam, boyagi toʻnini yechib, keng-dagʻal bir chakmonga oʻralib opti.

Shu yerda qola qolay deb endi tushishga unnagan edim, u belimdan koʻtarib, otning orqasiga oʻtqazib qoʻydi.
— Bu yogʻi hech qancha qolmadi-ku! Yetib olaveraman oʻzim, — dedim. U tizzamga urib, bosh chaypadi:
— Hech qanaqa «etib olaman-petib olaman»i yoʻq. Men nima deb va’da berganman! Suril, tushib qolmaysan. — Soʻng bir harakat bilan oyogʻini otning ustidan oshirib, egarga minib oldi.

Qochib borayotgan otga tomdan sakrab minib oladigan, egar ustida oʻyin koʻrsatib, ot qorniga yopishib chopadigan chapdastlar haqida koʻp eshitgan edim-u, birontasini koʻrmagan edim. Nazarimda Toyir zakun oʻshalardan qolishmas, men unga mingashib borayotganimdan boshim osmonda edi.
— Ha, ana shunday, belimdan ushlab ol. Qoʻrqma, yiqilmaysan, — dedi u. Ammo oʻzi otning biqiniga qattiqroq niqtagan edi, jonivor siltanib, surib ketdi. Men otning belidan bir selpinib, yana qaytib jiq etib joyimga tushdim. Koʻmirchagim sindi-yov! Koʻzimdan olov chiqib ketdi. Chopar esa, egarga qapishib, jilovga yopishgancha, otga elanardi:
— Dr-r, jonivor, dr-r...

Ammo-lekin ot yomon hurkak ekan. Boshini tikka tutgancha, boʻy bermay, surib boryapti. Shovqiniga xonadonlarning toziyu arslonlari akillab-vovullab, devoru ombor oshib koʻchaga otiddilar va ot orqasidan tushdilar. Bogʻkoʻcha birpasda akiddoq itga toʻldi.

Otni sekinlatishdan endi ma’no qolmagan edi. Toyir zakun ham jilovni qoʻyvordi va ot shamolday yela boshladi. Itlar changimizda qop ketdi. Yaxshiki, qayrilishda chaqqonlik qilib burib qoldi, boʻlmasa, toʻgʻri anhordan sakrab oʻtib, allakimning bogʻiga kirib ketarmidi yo bizni ustidan uloqtirib, qayrilarmidi. Ot soʻligʻini chaynab hansirar, boshi bir yonga qayrilgancha, uynoqlab borar edi. Terlab ketgan butlarim zoʻr berib achisha boshladi. Shu yerda tushib qolishgayam rozi edim.
— Esonmisan, ogʻaynichalish? — Toyir zakun boshini burib, kulib qoʻydi. — Bu shanaqa asov. Akang-ii ham bir marta opqochgan, ha. Birovga mindirmaydigan xilidan.
— Oʻzinikiyam zoʻrdir? — dedim beixtiyor.
— I-i, qayoqda? Yolgʻiz akangqaragʻayda bor. Uyam mana shu. — Keyin otini koʻchaning oʻrtasidan gijinglatib borarkan, ogʻzini toʻldirib kuldi: — Jonoraliyam oʻzim, chopariyam oʻzim.

Bu orada Qoʻldosh togʻamlarning qayrilishlariga yetib qoldik. Manzilga yaqinlashganimiz sari uni gapga solishga oshiqardim.
— Yana uch-toʻrtta otlaring boʻlsami, hech kimga boʻy bermasdinglar, toʻgʻrimi?
— I-i, senam oʻzimizdan ekansan-ku: havoying baland. Lekin bilsang, biz otliq lashkar emasmiz, u yoqdan-bu yoqqa ot qoʻyib yursak. — Keyin qayrilib, ma’noli shivirladi: — Men seni koʻrmadim, sen qarorgohda boʻlmading, uqdingmi?!

Men uqdim deb bosh silkidim. Toyir zakun oldiga qarab olib, avvalgi ohangda davom etdi:
— Umuman, biz hech kimmiz.
— Qanaqasiga?
— Shunaqasiga, vassalom.
— Oʻraga sichqon tushdi — guldur-gup, shunaqami? Oʻtirgan yerida oʻng qoʻli bilan tizzamga shapatilab, kuldi u:
— Balosan, balo, pakana parimisan, nima balo?!.
— Xuddi oʻzi-da!
— Otim nimaga buncha hurkyapti devdim-a, — dedi u oʻgirilib va kulib yubordi.

Tuzoq

Bir togʻoracha sutning betiga — qaymogʻiga non toʻgʻrab qoʻyib, endi bitta olgan edim, hovlida Solining qorasi koʻrindi. U deraza tavaqasini ochib, imladi. (Ichkarida oyim borlar deb oʻyladi shekilli).

Yana qanaqa shumlikni oʻylab chiqibdi deb, yaqin surildim.
— Kechagi aytganingga... Oʻtib kela qolaylik.

Kuldim.
— Uyqungam kelmabdi-da? Menam Saidumar akadan eshitib edim.
— Oʻsha piyozpaykalda ekanmi, ishqilib? Yuraver, men bilaman, — deb shoshirdi u.
— Ol, bitta, suqing kirmasin tagʻin, — dedim togʻarachani tutib.

Oʻ qoʻlini qaychi qilib togʻarachaning ichiga suqarkan:
— Qaymoq miyani butun qilarmish-a? Qani bizning ham sigirimiz boʻlsa. Senga maza, — deb qoʻydi va odatdagidek ishshayib betimga qaradi.
— olol, oqizmay ol, keyin ishshayaverasan, — dedim men ham tegishib. — Zora sengayam aql bitsa.
— Aql?.. — U yengil qalqib, ogʻzidagini yutgisi kelmay yutindi. — Bedana turganda aqlning nima keragi bor!
— Bitta bedana deb uyqung kelmapti-ku...
— Ha-da. Jildikmi?
— Boshqa kun borarmiz, — dedim men huzurimni buzgim kelmay.

U yalindi:
— Voy-boʻ, yersan shu qaymogʻingni qaytib kelibam...
— Maktab-chi, — dedim atay ezmalanib, — kech qolmaymizmi ?

U oʻrikzor orqasidan charaqlab, usiz ham sargʻaygan oʻrik barglarini nurga belab chiqib kelayotgan oftobga qarab qoʻydi.
— Ulguramiz. Men bitta toʻrva olvoldim. — U qoʻynidan ogʻzi boʻgʻiq, tizginchali moshxalta olib koʻrsatdi.
— Obbo sen-ey, tayyorgarliging zoʻr-ku, koʻrvolsang har kuni qoqmalab kelarkansan-da, a?

U shumlik bilan koʻz qisdi:
— Bedana kabob yemabsan — bu dunyoga kelmabsan! Uchdikmi?
— Uchdik.

Men togʻarachani xontaxta ustiga surib, apil-tapil yuzimga fotiha tortdim. Jild ham, choy ham, non ham joy-joyida qolib, hovliga otildim. Oʻrtadagi yoʻldan ogtamlarnikiga, undan tashqariga yov quvgandek yugurgilashib chiqib ketdik. Kim koʻrib, kim koʻrmay qoldi. Uidan tutzorning ichi bilan tutning shu yil yangi chiqargan surx navdalaridagi shapaloqdek-shapaloqdek cha’far barglarini shatir-shutur toʻkkancha, yuz-koʻzlarimizni ayab-engashib, novdalarga chap bergancha, chakalakzor koʻchaga kesib chiqib bordik. Oʻshanaqasi tollarning tagi bilan Kattabogʻga urdik oʻzimizni. U oldinda, men orqada. Izma-iz yugurgilashib bormoqdamiz. Axiyri, Usmon togʻamning shoxdevor bilan oʻralgan bogʻlari tugab, keng yalanglik ochildi. Yalanglikki, pasti qovunpoliz, tepasi odam boʻyi oʻtu gʻumay, burgan-u yana allambalolar ichida qolgan piyoz paykal. Qanchasi toʻr doʻppidek-toʻr doʻppidek urugʻ bogʻlab, toʻkilib-sochilib yotibdi. Biz Kattabogʻ ishkomlari bilan shu dala oʻrtasidagi ariq yoqalab loʻkillab boryapmiz. Urugʻ bogʻlab, yerga salom berib yotgan tizza boʻyi oʻtlar oyoklarimizga chirs-chirs urilib, har tomonga shir-shir «don» sochadi.

Kattabogʻ tomondan yangi qovurilgan bodroq hididek bir ajabtovur hid anqib-anqib kelayotir. Kimdir shinni solyapti shekilli. Oftob barglari xol-xol qizarib ulgurgan ishkomlar ustiga tekis yoyilib, nuri yetmagan orqa betlari ariq-ariq boʻlib, ajralib turibdi.

Oʻrtaroqqa yetganimizda Soli alanglab toʻxtadi:
— Shu yerni aytganmidilar, Umar akam? — dedi shivirlab.
— Shu yer edi shekilli, — dedim men ham alanglab. Soli ariqdan sakrab gʻumayzorga boshladi. Kirishimiz-la, burganu gʻumay urugʻlari shuvva toʻkilib, hammayoqni kakra hid tutib ketdi. Aksirib yubordim.
— Hov sekinroq-da, — deya u norozilandi. — Odamni tutib beraqol.
— Sen boʻlasanu qoʻlga tushasanmi?! Sen nimayu ilon baliq nima! — deb kuldim men.
— Havasing kelsa, senam boʻl.
— Oʻzingga buyursin.

Bu orada uch ariq ichkari kirib edik, u birdan oʻzini yerga otib, choʻkkalab oldi. Qoʻrqib ketibmap. Bir nima jon halpida potirlab, qanotlari uning betlariga urilar, Soli, he, joningdan, deb kular edi Chopib borib qarasam, bedana! Soli uni tuzoqdan chiqarib olyapti.
— Koʻrding biqqiligini?! — deb maqtandi u. Bedananing moshdek koʻzlari kosasidan oʻynab chiqqudek pitrab turibdi.
— Jonivor, uchib ketolmagan ekan-da, — dedim achinib.
— Shuncha don turib qayoqqa uchib ketadi? Yana bizga nasib qilib turgan boʻlsa, ochopat... Toʻrvani olvor qoʻynimdan.

Men qoʻynidan xaltani olgunimcha bedana necha bor chuldirab, potirladi qoʻlida. Zoʻr bersa, uchibam ketardi-yu, qoʻlidan chiqolmadi.

Nihoyat, Soli uni toʻrvaga solib, ogʻzini boʻgʻdi-da, menga tutqazdi:
— Buni ushla-da, sen u arikdan, men bu arikdan tushdik, jur.

Shundagina piyozning arigʻi qirtishlanib, keta-ketguncha birov tuzoq qoʻyib chiqqanini koʻrdim.
— Voy, egasi koʻrsa, oʻldiradi-ku! — deb yubordim. Soli aftini burishtirdi.
— Egasi qarab oʻtiribdimi, senam qiziq ekansan,— dedi gʻumaylarni shitirlatib, ilgarilarkan. — Keldikmi, terib ketamiz.

Men ich-ichimdan afsuslanib, toʻrt qadam yurganimni bilaman, boyagidek bir bedana porillab koʻtarildi va shu zahoti toʻp etib tushdi. Chopa, oʻzimni ustiga otdim. Boʻynida mushtdek tuzoq. Piyoz poyalarini ezib-yanchib, Soli ham chopib keldi:
— Toʻrvadagisini oʻldirasan-ku, ovsar!

Men toʻrvani tashlab, qaddimni koʻtardim. Qoʻlimdan bedana yuragi shunaqa tez uryaptiki, shu arzimas qushchaning shunaqa zoʻr yuragi borakanmi, deb yoqa ushliyman. Yerdagi toʻrvaga jon bitib, ichidagi jonivor port-port uriladi.

Soli tuzoqni chiqarib, joyiga qoʻyarkan: — Sendaqa odam bedana tersin ekan, harom oʻldirarding-a, — dedi toʻngʻillab.
— Sen-chi, halol oʻldirasanmi? — deb hazillashdim.

Men topgan bedananing boʻyin patlari xol-xol ekan. Qulimda tinmay urinadi, chuldiraydi. Munchokdek koʻzlari bir bejoki, achiniblar ketasan bechoraga. Ammo biz keliboq ikkita bedana topganimizdan boshimiz osmonda, boshqa hamma narsani unutganmiz. Buniyam toʻrvaga tiqib, har kim oʻz arigʻidan ilgarilay ketdik.

Shunday — olamni unutib, «voy, ana-ana, uni koʻr»lab yugurishib-chopib yursak, bir mahal birov tepamizda shiftdek boʻlib, cheki-ib turibdi. Boʻshashib ketdim. Soli pusinib, tisarila boshlagan edi:
— Hoʻv, qayoqqa? — dedi u shopdek moʻylovi koʻtarilib-tushib. — Qani, bir oldimga tushvorlaring-chi! He, senlarni qarayu! Tur oʻrningdan!

Sekin turdim. Ammo betiga qarayolmayman. Aksiga olib, toʻrvadagi bedanalar paydar-pay tipirchilab silkinishadi. Yer yorilsayu yerga kirib ketsam. Qayoqdanam uni koʻtarib ola qolgan ekanman?
— Jur-jur! Nimaga angrayasan? Qilgʻilikni qilib qoʻyib?.. — Shopmoʻylov jahldor ekan, boloxonador qilib soʻkib berdi. Menga aytayaptimi yo Soligami deb oʻylab, sekin orqamga qarasam, u ham kasal joʻjadek shumshayib turibdi. Yo oʻzini xokisor qilib koʻrsatmoqchi, yo rahmini keltirib... avramoqchi.

Esimga oʻzini oʻlganga soli-ib yotib, baliqchining chanasiga «chiqib olgan» tulki haqidagi ertak kelib, iir kulgim qistadi, bir kulgim qistadi. Soli ham hozir oʻsha tulkining ishini qilmoqchi boʻlib, oʻzini kasal joʻja qiyofasiga solayotgan edi. Men boʻlar ish boʻldi, deb tepaga qarab yurdim. Soli esa, shoshib... elanishga tushdi:
— Amakijon, jo-on, amaki, bir galcha kechira qoling. Biz bilmay kirib qopmiz. Ikkinchi qilmaymiz. Jo-on amaki!
— Yigʻishtir amaki-pamakingni! Ertalabdan bir toʻrva qip tervopti-da, yana «amakijon»laydi! Tush oldimga jahlimni chiqarmasdan!

Men hayronman: shunaqa jangari ovozni ilgari qaerdan eshitgan ekanman? Soʻkinishi ham tanish: oʻchir, yigʻishtir, yoʻqol, toʻxta!.. Shoshma, bu anavi «Assaloming boʻlmasa», emasmi? Toyir elchining peshonasidai darcha ochib qoʻymoqchi boʻlgan? Ovozi naq oʻsha-ku! Upday desam, qarorgohning odami bu yerda nima qilib yuribdi? Turqini ilgari koʻrgan boʻlsam ham, mayli ekan...

Bu orada Soli ham noiloj yelkasini qisib, uning oldiga tushdi-da, qadamini sal tezlatib edi, belbogʻini yelkasiga tashlab, orqamizdan kelayotgan shopmoʻylov urishib berdi:
— Hoʻv, qayoqqa? Qochishni oʻylagan zahoting pesho-nangdan darcha ochaman. Toʻgʻri yur!

Tavba, bu oʻsha shekilli? Unda nega bogʻning oʻrtasidagi yoʻldan shiypon tomonga olib ketyapti? Sekin oʻgirilib qaramoqchi edim, meni ham soʻkib berdi:
— Jur-jur! Anqayasan, mosovsiraysan, pishirib qoʻyibdimi orqada?

Ikki yonimiz qator-qator ishkomlar. Biz nochor-noiloj uning oldiga tushib, taqdirga tan berib boryapmiz. Yuragim gʻashlanib, potirlagandan potirlaydi. Nimagayam shu suvyuqmasning gapiga kira qoldim? Oʻzimni-oʻzim soʻkaman ichimda. U yoqda oyim ham bozordan qaytgandirlar. Qarasalar, uy ochiq-chochiq. Kitob-daftar bir chekkada yotibdi. Sigir otxonadan opchiqilmagan. Men yoʻqman. Toza xunob boʻlayotgandirlar?.. Bu yoqda qoʻlimdagi toʻrva silkinib-silkinib, ichida bedanalar pitirlaydi. Uni olib, oʻzimizni qoʻyvora qolsa ham mayli edi.

Nolam Xudoga yetdimi, bilmayman, bir mahal shopmoʻylov oʻdagʻaylab, chaqirib qoldi:
— Hoʻv, toʻrvani baqqa uzat!

Men jon-jon deb oʻgirilayotgan edim, Soli yelkasi bilan turtib oʻtib:
— Qoch, Maqsud! — deya oʻzini ishkom ichiga urdi. Men gangib qoldim: qochishimni ham, qochmasimni ham bilmayman. Qochay desam, u oʻronchini tanib turgandayman... Shopmoʻylov esa, Solining ketidan yugurarkan, yelkasidagi boyagi belbogʻi laylak qanotiday bir havolab uchdiyu soʻng shalvirab tusha boshladi. Soli jon-jahdi bilan chopib boryaptiyu menga qoch, qochsang-chi, deb qoʻl silkilaydi.

Shu payt birdan esim joyiga kelib, miyam ishlab ketdi: voh, bu tuzoq akamning yigitlari qoʻygan tuzoq boʻlsa-chi?:. Ha-ha, anavi shopmoʻylov (hozir Solining uch qadamini bitta qilib, orqasidan quvib boryapgan odam) «Qayt, otilasan!»ning oʻzginasi-ku! Bunaqa badjahl odam dunyoda ikkita boʻlsa, bittasi shu! Toyir elchini ham tan olmadi-ku kecha.

Ular quvalashib ishkomning ichiga kirib ketishdi. Soli echkiday tutqich bermay, oʻzini ishkomning u betidan-bu betiga tashlab, qochib boryapti. Shopmoʻylov esa, tutishga jahd qilib, orqasidan qolmaydi. Ammo yetib, qoʻlini choʻzgan mahal u chittonlik qilib, ilonday bir buriladiyu chap berib ketadi. Shopmoʻylov munkib yiqilay deydi va oʻzini oʻnglab olguncha, Soli allaqancha joyga yetib oladi.

Axiyri boʻlmadi:
— Sen qoʻlimga tushgin, miyangni poʻla qilmasam, otimni boshqa qoʻyaman! Eshitib ol! — dedi soʻkinib. Soʻng oʻzi ishkom ichidan etigini sudrab, chiqa boshladn. Va birdan men boyagi joyda qimir etmay turganimni koʻrib... Mening qochmay turishim unga nasha qilibmi, tizzasiga urib kuldi-da, qoʻl silkidi:
— Hoʻv, qiltiriq! — dedi yarim poʻpisa bilan, — sen nima qip ammamni buzogʻiday serrayib turibsan? Qani, bir survor-chi, yetib bormasimdan. Marsh!

Men qoʻlimdagi toʻrvani koʻrinarli yerga sekingina qoʻydimu bitta-bitta yurib keta boshladim. Sal nari borib, negadir qayrilib qaradim. Shopmoʻylov ishkom oʻrtasida qotib turardi. Koʻz-koʻzga tushib, astoydil qoʻl silkidi, chaqira boshladi:
— Hoʻv, gʻunan toychoq! Shoshma, axir, hech qursa bittasini ola ket.

Men bosh chayqab, yuraverdim.
— Axir, toʻrva-chi, toʻrvangni ol, jilla qursa, — deb qistadi u orqamdan yurib. Men oʻzimcha mingʻirlar edim: «Bu soʻramay kirganimizning jazosi!» Soʻngra:
— Osh boʻlsin, — dedimu chopib ketdim. Tutzorni kesib oʻtib, opamlarning eshiklariga chiqib borsam, Soli koʻmir oʻraning yonidagi yongʻoq toʻnkasi ustida kutib oʻtiribdi. Meni koʻrib, sakrab tushdi:
— Vey, galvars ekansan-ku, tayyor oʻljani tashlab kep oʻtiribsan! Senga aql bitadimi hech? — deya bidirlay ketdi.
— Oʻzing galvarssan! — dedim betiga tik qarab. — Galvars boʻlmasang, qarorgohda yotganlarning tuzogʻiga boshlab borasanmi? San... san oʻzi birovning narsasini oʻmarmasang, uyqung kelmaydi! Bez ter-e, undan koʻra! — dedimu burilib ketvordim.

Ammo oʻzim ham oppoq emasman. Umar akamning gapini hovliqib bunga yetkazmasam, shu yuzi qoralik qaerda edi?! Hali darsdan ham kech qolgan boʻlmasam edi. Chindanam oftob nuri qoʻshnining oʻrigi ustidan oshib tomimizga, undan naridagi jiydalarning beligacha tushib qopti. Hali tayoq tegmagan jiydalar bir kechada qizarib chiqqanday, gʻuj-gʻuj choʻgʻlanib yotibdi oftobda. Shuncha yurib, koʻzim tushmagan ekan, bargidan mevasi koʻp. Hali vaqtliroq kelib, qoqib bersam tuzuk ekan.

Apil-tapil kitob-daftarlarimni yigʻishtirib, hovliga chopdim, sut idishlar turibdi-yu, oyim koʻrinmasdilar. Shunda ham:
— Oyi, men ketdim, — deya ovoz berib, eshikka qarab yugurgan edim:
— Hali ham shoʻtta yuribsanmi, kunni peshin qilib? Seni nima jin urdi? — deb oldimdan chiqib keldilar. Qoʻllarida chelak, anhordan suv olib kirayotgan ekanlar.

Yolgʻonlab boʻlmaydi, aytibam boʻlmaydi.
— Ketvotman, yetib olaman, oyi, — deya yonlaridan oʻta zingʻillab qoldim.

Qoʻyin Daftardagi Ishoratlar

Tushga yaqin qaytsam, birov mendan oldin jiyda qoqishni boshlab yuboribdi. Ayri shoxda oʻtirib olib, har urganida jiydalar chodirga duv-duv toʻkilayotir! Pastda ayollar (men ularning kimligini koʻrmayman, faqat ovozlarini eshityapman) qiyqirishib kulishadi:
— Hay-huv, chodirni koʻtaringlar-uv...

Kitob-daftarlarimni derazadan itqitib yugurgilab borsam, jiydaning ayri shohida Olim akam oʻti-ribdi. Qayoqdan oftob chiqib, qarashgani kela qolibdi? Pastda Poshsha opamu kennoyilarim, — togʻalarimning suyukli xotinlari — uch ovsinlar chodir tutib, qiy-chuv bilan togʻoraga boʻshatib turishibdi. Katta qoʻshquloq mis togʻoramiz chip-chip jiydaga toʻlib, tayoq zarbidan chetga uchganlari yer bilan bitta boʻlib qizarib yotibdi.

Hovlida bir ajoyib hid — jiyda hidi anqiydi. Siz umringizda jiyda qoplashib yuborganmisiz? Kaftlaringazga oʻtirib qolib, bir-ikki kungacha ketmaydigan oʻshanaqa muattar boʻy anqib turibdi atrofdan.

Akam meni koʻrib, chaqirdi:
— Iya, chitton, kepsan-ku! Chiqasanmi oʻzing? Ichimda jon-jon deb turibman-u, yon-verimga alanglayman: oyim urishib bermasmikanlar? Lekin oyim koʻrinmasdilar. Qayoqqa ketdilarkin? Qumri kennoyi oʻyimni sezdilar shekilli, yelkamga qoqib koʻrishib, qulogʻimga shivirladilar:
— Opam sovchilikka ketdilar. Hali-zamon xushxabari kep qoladi.
— Yoʻgʻ-e, — dedim sevinchimni yashirolmay, — Oʻsha yoqqa-ya?
— Oʻsha yoqqa-oʻsha yoqqa, — dedilar kennoyi yumshoq bosh silkib.

Men pinjilariga kirgudek erib, oʻsha yerdanoq sakrab, paxsa devorga, undan jiydaga chiqib ketdim:
— Qir uchlarini men qoqayin-da!
— Senga koʻpam ish qolgani yoʻq, — dedi Olim akam nimagadir betimga tikilibroq qarab. Sezdim, uning menda gapi yo yumushi bor.

Chindanam yoniga chiqib, qoʻlidan tayoqni olarkanman:
— Tezroq boʻlsang, gap bor. Xoʻp? — dedi ma’noli qilib.
— Xoʻp, shu shoxni qoqib beray. Narigisini keyin... — dedim men.

Opam eshitib turgan ekanlar, pastdan javradilar:
— Kelmasingdan ishni yarimta qilyapsanmi? Seni qara-yu.
— «Hay-huv, halalay xashtutuv»gayam qolsin devotgan-da, Poshshaxon, — deb kuldilar Anvar kennoyim.

Chindanam, chugʻurchuq ertalabdan moʻr-malaxday yopirilib, bozor qilib yotganiga nima yetsin. Koʻzingni ochib uygʻonganingda tashqarida bir olam qushlar biri olib, biri qoʻyib, chagʻur-chugʻurlashib, ming bir turda sayrab yotmasa, dala dalami? Hovli hovlimi? Chittak chirt-chirtlab, qarqunoq qiv-qivlamasa, chugʻurchuq hiq-hiq kulib, qorashaqshaq shaqillab shox tagidan uchib chiqmasa, uni kim erta tong deydi? «Bularniyam Xudoyim yaratib qoʻyibdi oʻz rizq-nasibasi bilan, — derdilar oʻsha janggohga ketgan Kenja togʻam. — birovning nasibasini birov yeb ketolmaganidek, bularga buyurganini kim qoqmalab qoʻya olardi? Bizga atalganini biz olamiz, buyurmagani tepasida qolavuradi»...

Hali men ikkita shoxning jiydasini qoqib tugatmay, opamning darvozalari ingranib ochildi. Jiyda tepasidan yaqqol koʻrinib turarkan. Sidirgʻa paranjilisi — oyimlar edi. Yonlarida oq dasturxonga oʻrogʻliq togʻorani u qoʻldan bunisiga olib, paranji-chachvonlarini bilaklariga solvolgan Hidoy xolam.

Opam chodirni pasaytirib, menga tikildilar.
— Kim keldi, Maqsudxoʻja?
— Oyimlar kelishyapti.
— Iya, qaytishibdimi? — dedilar Sapura kennoyi tahlikaga tushib. — Buncha tez?
— Oʻldimi, ikki birday odam, bitirib kelishayotgandir, — dedilar Qumri kennoyim.

Anvar kennoyi chodirni tashlab, ularning istiqboliga chopdilar:
— Opam boʻladilar-u, bitirmay keladilarmi? Hidoy xolam Usmon togʻamlarga oʻxshab yumshoq — xuddi kuylagandek soʻzlardilar. Urishganlari ham erkalagandek eshitiladi odamga.
— Oʻzimizzi urugʻda popuvdek-popuvdek qizlar turib, borib yurgan joyimizzi qarang, Salomxon, — dedilar xolam paranjilarini yugurgilab borgan Anvar kennoyiga tutqazib. — Kelgindi kelgindi-da.

Oh, chatoq boʻpti-ku! Men tizzam boʻshashib, yiqilib tushishimga bir bahya qoldi. Ayri shoxga minib olib, gʻadir-budur tanasini mahkam quchoqladim. Qoʻllarimni qumursqa talay boshladi.

U yoqda izma-iz yugurgilashib borgan uchala ovsin kattalarga girgitton boʻlishib, kim opamning ayvonida koʻrpacha yoyar, kim qoʻlga suv quyar, kim paranji-sachvonlarini tok bagʻaziga ilar edi.
— Voy, opa-e, shunaqa noumid qivordimi-a? — dedilar kuyib ketib Qumri kennoyim.

Oyim toʻgʻrisoʻz boʻlib, avliyosini ham ayamasdilar.
— Hamma ayb oʻzimizda. Kelgindi deb koʻrdik. Shumqadam dedik, bir marta kelin qilib, nima topdik, deb yurdik. Biz kengashib borguncha Haybatilla ilib ketipti. Ajab qipti! — dedilar ayvonga koʻtarila turib, Haybat akam?!.

Koʻzim tinib, tagimdagi jiyda tupi bir aylanib ketdi goʻyo. Uning shoxiga mahkam yopishib opman.

Nahot Margʻu kennoyim oʻsha badjahlni akamga almashib yubordi? Alam-achchigʻimi, nima bu?.. Shoʻrlik akam! Ovi yursa ham, dovi yurmagan Sultonmurod akam? Buni eshitib, qaysi devorlarga boshini urarkin?!.

Pastda kimdir otimni atab chaqirdi. Qayrilib, otxona roʻparasida tarvaqaylab oʻsib yotgan anjirimiz gagida Olim akamni koʻrdim. Anuv kungi qirovda anjir barglarini toʻkib, yarim yalangʻoch boʻlib qolgan, hali qorayib ulgurmagan duvaraklari soʻgal kabi boʻrtib yotar edi.
— Tushsang tushaqol, vaqtim ziq, — dedi imlab. Xunuk gapdan xabar topmay qoʻyaqolsin, deb tushib bordim.

Olim akam meni qoʻltiqlab, barglari olovning tillariday qizarib yotgan yolgʻiz tup gilosimiz tomon yetakladi. Uning ikki yuzi ham oʻsha gilos bargiday sargʻayib-qizarganday edi.
— Sendan bir narsa soʻramoqchiydim. Ammo xolamlarga aytib oʻtirmaysan, — dedi allaqanday xijolatga tushib. — Kelishdikmi?

Men yelka uchirdim: oyim bilmasliklari kerak boʻlgan gap nima ekan?
— Boʻptimi? — dedi u qulokdarining tagidagi nori qizarib. Tagʻin qoʻltigʻimdan olgan qoʻli bilan bilagimni sekin siqib qoʻydi.
— Maylin... — dedim koʻngliga qarab.
— Bilasanmi, anuv kechagida oʻligini topib koʻmib kelishdi-ku... Asol xolamizning oʻgʻillari?..
— Bahriddin akammi?
— Oʻsha toʻgʻrida yangi gap chiqqanmishmi?
— Nima gap chiqarkan?
— Orqasidan xatmi, nimadir kepti-ku?
— Ha-a, qora xatni aytyapsizmi? — deb yuborib, shu zahoti tilimni tishladim. Ichimdan qirindi oʻtib ketdi: nimagayam aytdim?
— Qora xat? — U taqqa toʻxtab, goʻyo endi eshitayotgandek angraydi. — Chinakamiga poʻchtachi opkeldimi?

Boʻlar ish boʻlgan edi:
— Ha, Mirhomid amaki opkeldi, — dedim yuzlariga tikilib.

U koʻzlarini opqochib, ogʻir xoʻrsindi:
— Akamga yomon boʻpti-ku.
— Nimaga yomon boʻladi?
— Yoʻq, tushunmading: hukumat tomondanmas, oʻziga qiyin boʻpti.
— Qanday qiyin boʻladi?
— Eshitsa, ich-etini yeb qoʻyadi, deyman-da. Axir, osonmi, bir odamni qotilga chiqarib, oʻlikni toptirganida, orqasidan bunday xat kelib tursa.
— Lekin tan opti-ku, oʻsha Parpi bebaxtning oʻzi. Otganiniyam, kuyovlik toʻnlarini chechib olganiniyam?..
— Hukumat-chi? — dedi u dabdurustdan. — Yoʻq odamga «qahramonlarcha halok boʻldi», deb qora xat bitmasa kerak? Toʻgʻrimi?

Men yomgʻirda qolgan tovuqday qunishib, boʻshashdim:
— Toʻgʻri...
— Degin-degin, akam eshitmasin.
— Nega eshitmaydi, xat unda... — Men yana qanday aytib qoʻyganimni bilmay qoldim. (Bugun meni qandaydir jin aylantiryapti!)
— Un-da? — Olim akam gʻalati kuldi. — Obbo pandavaqilar-ey! Darrov yetkaza qolishibdimi?!.

Tavba, uning xursandligini ham, jahli chiqqanini ham bilib boʻlmasdi. Shaytonlik qilyaptimi yo?
— Xabar topgan ekan, soʻratib oldi, — dedim toʻgʻrisiga koʻchib.

Ammo Olim akamning yuzida qilt etgan oʻzgarish koʻrinmadi. Qaytaga boshini sarak-sarak qilib:
— Chatoq boʻpti, chatoq. Bildirmagan ma’qul edi. Qiziqqon odam, bilib boʻladimi, — dedi aftimga tik qarab. — Endi nima qilarmish?

Men ichimda kuldim:
— Nima qilishini siz qolib menga aytadimi?

U uyalib, quloqlarining tagidagi nori boyaginday qizillanib ketdi.
— Harqalay, harqalay isini chiqarmay qoʻyaqolgan ma’qulmidi? — deb yamlanib turib, birdan xayr-xoʻshga tushib qoldi. — Hay! Omon boʻl. Men borishim kerak. Bizda intizom qattiq, — deya eshikka qarab yurdi.
— Oyim kelsinlar, — dedim men atay. — Shoshmasdan, borarsiz. — Ichimda esa tezroq daf boʻla qolsa edi, deb turibman. («Sovchilar quruq qaytib kelishganini eshitmay qoʻya qolsin!»)
— Mayli, shoshib turganakan, boshqa kelarkan, de.

U tilla topgan odamday oyogʻining tagiga qaramay, joʻnab yuborarkan, birdan hamma narsadan xabardorday koʻrinib ketib... serrayib qoldim. Nima balo, akamdan tezroq «suyunchi» olmoqchimi? Yo biladiganini bilib... Tavba, shunaqa ustasi farang ekanmi u?!

Boʻshashib qaytdim.

Dahlizni yigʻishtirib qoʻya qolay, deb uyga kirsam, oyoqostida bir narsa yotibdi. Xuddi namat rangida. Bosib olmasam, bilmas ekanman ham. Olsam, jajji qoʻyin daftar. Muqovasi och jigarrang. Oʻzi oynadek silliq. Chetiga xoʻb oro berib naqsh bosilgan. Bunaqasini umrimda koʻrgan emasdim. Ichini aytmaysizmi! Har varagʻining hoshiyasi qirqilib, tepasiga qizil harf terib tushilgan. «A» dan «Ya»gacha. Yana shunday oro berib, boʻlaklarga boʻlinganki, bular hammasi qanday tayyorlanganiga daf’atan aql bovar qilmaydi.

Shunaqa daftarchang boʻlsa, oʻzing yoqtirgan she’rlarni yozib yursang. Bu kimniki ekanu qaerdan kelib qolibdi?

Albatta, Olim akamniki boʻlsa kerak. U tushirib qoʻymasa, oʻzidan-oʻzi paydo boʻlib qolmaydi-ku. Tavba, ularning oʻqishida shunaqa zoʻr daftarchalar berar ekanmi? Shunday oʻqishni tashlab kelib yuribdimi?..

Men daftarchaga toʻymay, suqlanib varaqlar ekan-man, u yiqqan she’rlarga koʻzim tushib, beixtiyor tokchamizga suyanib qoldim. Oʻqigim keldi. She’rlar siyohrang qalam bilan yozilgan edi:

«U axiyri koʻrsatdi, Bahriddin aka qabrini... Ochishdi. Shunday tepaning yonbagʻriga...»

Iya, she’rmas, boshqa narsa shekilli! Unda nega she’rga oʻxshatib yozibdi? Tushunmadim. Ammo davomini oʻqishdan oʻzimni tiya olmadim. «... ustki kiyimlarisiz koʻmilgan ekan. Eti chirib, suyagining oʻzi qolibdi. Qotil uni Bahriddin deb tan oldi. Kuyovlik kiyimi — zarbof toʻnini chechib olib sotganlar. Puliga Janggohga tushib, maishat qilishgan.

Qotilni tuyaqopdan chiqarib aravaga solishdi. U oldinda, orqasidan tobutni koʻtarib joʻnashdi. Dahshat...

Qora xat yetib kelgani yoʻq...»

Ajab, u qora xatni qaerdan biladi? Bilsa, nega hozir surishtirib yuribdi mendan? Umuman, bu voqealar unga nimaga kerak? Tushunarsiz. Yana oʻqiy boshladim:

«Akmal oʻris ham jazosini oldi. Oblochilarga yoʻl koʻrsatib yurgani, yordam bergani uchun. Unga bir sutkalik muhlat qoʻyildi. Shungacha Kattabogʻdan koʻchib ketmasa, millat xoini sifatida otuvga beriladi.

U chiqib ketishi va shom tushishi bilan uyi yoqib yuborilishi kerak...»

Yo alhazar! Bu kimning hukmi? Azza-bazza devorga suyanib oʻtirib qopman.

Keyin oxirgi yozuvlarni yutoqib oʻqiy boshladim: «Ertaga asr namozidan keyinoq katta mashvarat. Hamma urushdan qochib yurganlar qarorgohga chaqirilgan. U hammaga qarata soʻz aytmoqchi. Bu yogʻi oʻzlariga havola...»

Qiziq, bular hammasi gʻalati-ku. Nimaga qarorgohdagi voqealarni bunday yozib yuribdi? Zarurmi unga? Unda daftarchasini nega unutib qoldirdi? Tushirib qoʻyganmi? Hali qidirib kelib qolar?

Men uni tokchadagi kitoblarim orasiga apil-tapil berkitib, opamlarnikiga chiqib bordim. Oyimgilar hammalari xontaxtaning atrofini toʻldirib oʻtirishgan ekan. Oyim meni koʻrib:
— Maqsudxoʻja, targʻilingga qaradingmi? Aylantirib kela qol! — dedilar.

Men istar-istamas chiqdim. Sigiringga qarayqol desalar, Izzaga uchib-qoʻnib turadigan odam bugun oyimgilardan nari jilgim kelmas, Margʻu kennoyim haqida biron narsa egpitib qolishga ilhaq edim. Ammo...

Shomga yaqin oʻriklarning bir chiroyli uchib tushayotgan barglariga mahliyo boʻlgancha targʻilimni oldimga solib, Izzadan qaytarkanman, kimdir anhor yoqasidan turib zoʻr berib chaqirayotganiga koʻzim tushdi. U toʻxtovsiz qoʻl silkib, uch, uchsang-chi, deb qistardi.

Qarasam — Soli! Nima boʻpti ekan, deb oʻtakam yorilib, sigirimni (arqoni-la) qamchilab qoldim-ku. Borgunimcha chumchuqlarning chirqillashlari ham tindi. Anhor betkaylariyu daraxt taglarida shom jivir-jiviri kuchayib, yongʻoqlarga moʻr-malaxdek tarmasha ketdi.

Soli anhor yoqasidagi tepachalarning eng balandida turvolib, shoshirar edi:
— Uni qara, uni koʻr, Maqsud!

Oʻsha yoqqa qaradimu... vahm bosdi. Hali shom oʻz domiga tortib ulgurmagan osmonga koʻmirdan ham qora bir tutun burqsib oʻrlar, allaqanday zoʻr alanganing tnllari uning tagini yalab, olovlantirib-olovlantirib qoʻyar edi. Ba’zan uchqunlar yarmigacha yetadi.
— Qaynama tomonda shekilli? — dedim hovliqib. Xayolimga bir narsalar kelayotganday, ammo nimaligini hech anglab yetolmayman. (Ichimda, nimadir chop, deb turibdi!)
— Yoʻq, berirokda-yov, — dedi u.
— Boramizmi? Uchdikmi? — dedim men.
— Sigiringni tashlab chiqsang-chi avval, — dedi u. Men targʻilni yana arqon bilan qamchilab, choptirib olib kirib ketdim. Jiydaning tagiga bogʻlab, uyga qarasam, oyim dahlizda shom oʻqiyaptilar. Qoʻllarini bogʻlab qiyomda turganlaridan hali-veri tugatadigan emaslar. Mening ichim esa toshib ketyapti. Ruxsat soʻrayolmay, tipirchilab turibman derazaning tagida.

Nahot, tutun oʻsha joydan, Akmal oʻrisnikidan chiqyapti? Unda daftarchadagi gaplar rost chiqadi-ku? Olim akam shuncha narsani qaerdan biladi? Unda... unda daftarchasini qidirib kelishi kerak edi-ku? Balki qidiribam kelgandir yoʻgʻimda. Kitoblarimning tit-pitisini chiqarib... topib ketgandir ham?

Ichkariga uchib kirgim kelib turibdi-yu, oyimning pamozlarini buzishdan hayiqib, yoʻlay olmayotirman. U yoqda Akmal oʻrisning uyi yonib bitdi, desang-chi. Lxiyri, sabrim chidamay koʻchaga chopdim va Soli bilan qoʻshilishib, Qaynama tomonga zingʻillay ketdik.

Mullatosh amakining nokzoridan oʻtib yongʻoqzorga chiqishimiz bilan atrofni kunduzgidek yoritib yonayotgan yolgʻiz xonadon yaqqol koʻrindi. Rostdan ham oʻsha bogʻ va chakalakzorlari Boʻzsuvga tutashib ketgan, kunbotarga qaratib solingan Akmal oʻrisning uyiyu bostirmalari qaynab-toshib yonar edi. Allaqancha odam ikki ot-arava bemalol sigʻib ketadigan kattakon darvozani ochib yuborishga urinar edi. Odamtanimas iti burchakka siqilib olib gʻingshib yotgan ekan, yechib yuborishlari bilan pastak devordan osha angillaganicha Boʻzsuv tomonga urib ketdi. Oʻtakasi chiqib ketgan ekan

Oʻziyam.
— Boshqa hech narsa yoʻq ekanmi? Bostirmalarni qaradinglarmi?! — deb odamlar bir-birlariga baqirib-chaqirishar edi. Shu payt:
— Qoch, Usmon, boloxona qulayapti! — deb qoldi kimdir.

Kim ishkomning ichiga qochdi, kim darvozaning oldiga. Allavaqtdan beri olov tutashib yonayotgan ustunlar ogʻib kelib, qasir-qusur qilgancha, boloxona yoppa hovliga quladi. Chang aralash tutun uy ustiga chimmatdek yopirildi-qoldi. «Qoch-qoch!», «Senlarga nima bor? Yoʻqollaring?!» degan baqiriqlar yangradi. Yonimizda kimdir: «Astagʻfirulloh-astagʻfirulloh», deya kalima keltirdi. Boshqa birovi Akmal oʻrisga achinib;
— Jimgina koʻchib ketuvdi-ku, kimga kerak ekan uyini yoqib yuborish? Buyam Sultonmurodning ishimi? — dedi.

Darvoza oldida hay-haylab, katta-kichikni olovga yaqinlashtirmay turgan norgʻul yigit bu gapni eshitib, uni soʻkib berdi:
— Siz nimani bila qoldingiz? Valdiraysiz, Sultonmurod, deb?! Kecha oblochini boshlab yurganida baloginaga yoʻliqsin, deb qargʻab oʻtirganidingiz! Endi achinib qoldingizmi unga?

Haligi odam dami ichiga tushib, mingʻirlagancha nari ketdi.
— Boplading, Ahad. Bularga qolsa, falonchilar yoqvordi, deb hukumatga sotishdanam toymaydi, — dedi sap-sariq, shangʻi odam qoʻl silkilab. — Sadqai odam ketgurlar! Hammangni tinchingni qoʻriqlab yotgan oʻsha-ku!

Men Solining biqiniga sekin turtib qoʻydim:
— Eshitdingmi?
— Maqtanma, hali hammasini akangni boʻyniga agʻdarishganida bilasan.
— Agʻdartiri-ib qoʻyarkan-de.
— Koʻrasan, dedim-ku.
— Koʻramiz!

Shu orada kattalar oʻrtasida shivir-shivir yurib qoldi:
— Shapkalilar kepti, shapkalilar...
— Kim xabar bera qopti darrov?
— Guvoh boʻpqomasdan jilvor...

Haligi darvoza oldida ish buyurib turgan kallasi xumdek norgʻul odam olovning yorugʻidan yuzini (men uning labi chetida kinoyali kulib qoʻyganini koʻribgina qoldim) oʻgirib:
— Shapkaligi kegan boʻlsa, esi borlarga juvob, — dedi. U shu turishida soyasi oʻziga tushib, bahaybat habash odamga oʻxshab ketgan edi.

Shundan soʻng kattalarning «Tarqal-chi, tarqalish boshlandi. Ular oʻzlari qolib, bizni haydashar, biz ham bu yoqdan ketib, narigi yoqdan aylanib kelar edik. Olovning zabti boyagidan ancha tushgan-u, lekin chor-tarafdan siqib kelgan qorongʻilik ham unga kuchi yetmay, allaqancha joy haliyam toʻyxonadek yop-yorugʻ edi. Odamlarning soyalari avvalgidan ham uzun.

Soli qulogʻimga shivirlab, qoʻlimdan tortqiladi:
— Yur, shapkalilariga yaqinroq boramiz.
— Oʻzlariga yaqinlashtirisharkanmi?
— Nimaga kelishibdi, bilaylik, — dedi u qistashini qoʻymay.

Qorongʻilikda oldinma-ketin oʻsha yoqqa jildik.

Ular uch otliq ekan. Birovi jilovdor boʻlib qolib, ikkitasi osmafonar yorugʻida kim bilandir savol-javob qilyapti. Otlar soʻliq chaynab, pishqirib-pishqirib qoʻyadi. (Qaysi biri yangi tezaklagan shekilli, hidi oʻsha yoqdanoq gurkirab kelyapti.) Yoʻl yoqasida fonar tutgan shapkalining barmoqlari qon yuqiday qip-qizarib turibdi. Gungursday sherigi nuqul gardanini qashlab, oldidagi odamni poyintar-soyintar savolga tutadi:
— Hech kimii koʻrmadim deng?
— Koʻrsam aytaman-da, okovsi.
— Balki anuv Boʻzsuvga qochib yotganlar pastdan kelib?..
— Ularga nima zaril, oʻzi qochib yurgan boʻlsa?..
— Balki muhlat berib ketganlarning oʻzlari koʻchsang-koʻchmasang deb... Shunday ham boʻlishi mumkin-ku, toʻgʻrimi?
— Ha-yoʻq, ular bunchalik noinsofmas, okovsi.
— «Ha»mi, «yoʻq»mi — siz bittasini ayting.
— Ha-yoʻq...
— Ana xolos!... Ulardan boʻlak it yoqarkanmi?
— Oʻlibdi-da! Esini yeb qoʻyibdi-da?!

Tergov qilayotgan odam birdan xunobi oshib, qoʻl silkiladi:
— E, gʻalati odam ekansiz-ku! Ha-yoʻq, ha-yoʻq!.. Ular nari ketib, boshqa odamni savolga tuta boshlarkanlar, birdan Olim akamning daftarchasi esimga tushib, survorgim kelib qoldi. Rostdan, shom tushishi bilan yoqvorilsin, deyilganmidi yo boʻlakcha edimi? Yuragim hapriqib, Solini tortqiladim:
— Surdik, bulardan yaxshilik kutma.

U boʻlsa, koʻziyam, qulogʻiyam oʻshalarda, «shoshma, koʻraylik»dan nari oʻtmayapti. Axiyri, toqatim tugab qoʻl siltadimu, men ketdim, deya joʻnab yubordim.

Kela solib, dahlizning chuqur tokchasiga tarmashib, kitoblarim orasidan oʻsha kaftdek daftarchani qidirib yotsam... oyim kirib qoldilar:
— Qidirib ovora boʻlma, — dedilar jerkiganday,— akang ikki soat titkilab, topib olib ketdi.
— Nimani? — dedim angrayib.
— Nimani yoʻqotgan boʻlsa, oʻshani.
— Yoʻgʻ-e?.. — dedim boʻshashib va birdan esimni yigʻib, qaytarib soʻradim: — Shoshmang, qaysi akam?
— Qaysinisi boʻlardi, kichkinasi.
— Ana xolos! — Men ichim uzilganday boʻlib, tok-cha tagiga oʻtirib qoldim.

Qarorgoh

Oyimning kechalari moshina tikib oʻtirib boshlab qoladigan xirgoyilari quloqlarim ostida bir mungli-mungli saslanadi.

    Yoril-yoril, yoriltosh-a,
    Men opamni koʻrayin-a...

(Oyim buni nima xayolda kuylashlarini bilmayman. Balki Zumrad xolamizni eslab aytarlar. U kishi rohat koʻrmay oʻtganlarini, chiroqlarini yoqib oʻtirguvchi oʻgʻillari bu xil chiqqanini oʻylab ketarlar... Yakkabogʻdagi qoʻrgʻonlar hali-hamon xarobaligicha yotganini, uning yoniga yana bittasi — Oʻzimizniki qoʻshilganini aytmoqchi boʻlarlar. Yana kim biladi).

Men anhor yoqasiga, tepachamizga chiqvolib, tizzamni quchgancha, qanchadan beri oʻtiribman. Oʻsha mungli ohang ichimdan toshib chiqyaptimi, xayolimda aylanib yuribdimi — bilmayman, lekin hech quloqlarim ostidan ketmayapti. Oʻsha kaftdek daftarcha yoʻqolganidan beri, undagi gaplar rost chiqib, hali Akmal oʻrisning xonadoni yonib tushganidan beri shunday. Bu ishlarni kimga aytarimni bilmayman. Oyimlarni ayayapman shekilli. Ichimni it tatalab yotipti-yu, qaerga borarimni, akamni qanday toparimni bilmayman. Atrofda zogʻ ham yoʻq. Faqat anhor toʻla chilp-chilp qora suv oqib yotipti. Chilpillagan tovushinigina eshitaman, xolos. Yulduzlari uzoqlarga qochib ketgan osmonimizdan ahyon-ahyonda allaqanday adashgan qushchalar chuldirab oʻtib qoladilar. Yengil yel esib, yongʻoq barglarini shatir-shutur toʻkib oʻtadi. Boʻzsuv tepalaridami yo uning iarigi betidami, chiyaboʻri uvlab-uvlab yigʻlaydi. Men esam oyimning xirgoyilariga monand tebrani-ib oʻtiribman:

    Yoril-yoril, yoriltosh-a,
    Men okamni koʻrayin-a,
    Diydoriga toʻyayin-a,
    Aytadiganim aytayin-a,
    Yoril-yoril, yoriltosh-a,
    Sen yoʻllarimni ochaqol-a...

Qoʻshiq tilimdan tilsimday quyilib kelarkan, daf’atan... kallamning bir chetidagi zangori tuman ortida yarq etib, Kattabogʻning tepasidagi shiyponu ishkomlar oralab ketgan yoʻl koʻzimga koʻrinib ketdi. Dovdirab qoldim!

Yopiray! U tong saharlardagidek zangori rangga chulgʻanib yotar va qoʻl uzatsa yetgudek edi.

Nima bu? Sidqidil soʻraganimning javobimi yo yoriltosh yorilib, belgi berayotirmi?

Tavakkal oʻsha yoʻl bilan borsam-chi?

Qanday jur'at paydo boʻlganini bilmayman, tura-solib, xufton demay, qorongʻi demay, chopib ketdim. Saydnabi domlaning bogʻi yoqalab, ariq boʻyidan tushgan yoʻlga yetib oldimu Kattabogʻga tomon zingʻilladim. Boshqa paytda bu yolgʻizoyoq yoʻldan oʻtishga yurak qani? Yana oʻrtada bir talay tollar ila qurshalgan xilvat hovuz bor. Kechasi-ku zimiston shu yerda bolalaydi. Balki jin-alvastilarning ini ham shu yerdadir.

Hozir xayolimda yolgʻiz oʻsha yoʻl. Oʻsha yoʻldan pshyponga chiqib bormoqchiman. Kallamga boshqa hech iarsa kirmaydi. Nazarimda ular: «Toʻxta, kimsan?!» deb yoʻlimni toʻsib chiqishayotganday, gʻira-shira yoʻldan tusmol bilan yelib bormoqdaman. Balki omadimdan boʻlib, ularga duch kelarman. Balki... jin aylantirib, olib ketayotgandir? Yuragimda qoʻrquv turib, shart burilib izimga qaytmoqchi ham boʻlaman-u, Popoch ammaning olmazorida ketayotganim, u yogʻi hech qancha qolmaganini eslab, yana davom etaman.

Umid yaxshi narsa ekan. U bilan qoʻrquvni ham yengsa boʻlarkan. U bilan qoʻl yetmasdek tuyulgan ishlarga ham jazm etsa boʻlarkan. Boʻlmasa, oʻtiruvdimda shalpayi-ib...

Yugurgilab ketmoqdaman koʻzimga koʻringan oʻsha yoʻldan. Oldinda — huv oʻn qulochcha narida — boʻyim baravar balandlikda mushtday bir koʻkchiroq porillab turibdi. Yursam yuradi, toʻxtasam toʻxtab, chopsam, chopqillaydi. Gʻaroyib. Nima ekan bu? Rostdan ham jinlar meni avrab, aqldan ozdirib, yetaklab ketayotgan boʻlsa-chi, deb sekin orqaga qaytmoqchi boʻlsam, koʻkchiroq ham shartta toʻxtadi, Qancha uzokdashdim, u esa joyidan jilmay turibdi. Ergashmayapti. Demak, qaytishimni istamayapti. Yomon jin boʻlsa, lip etib bu tomonimga oʻtib olmasmi edi? Yaxshisi boraveray, peshonamdan koʻrdim, deb yana burildim. Boyagi joyimga yetishim bilan u ham likillab, yana oldimga tushgancha, jilib qoldi. Xuddi, yur, yuraver, yomonlik koʻrmaysan, deganday, oʻziga ergashtirib, toʻgʻri shiyponga boshlab boryapti.

Qayoqqa borishimni bilmayman. Harqalay, shiypondan u yogʻiga yuragim dov bermasa kerak. Undan u yogʻiga jin chalishi, manavi narsalar uning ishi boʻlib chiqishi tayin.

Yodimga bunaqa yongʻoqzorlarda odamlar har zamonda koʻrib qoladigan jinlar bazmi tushib, yuragim battar orqaga tortib-tortib ketyapti. Bir kuni kechasi Jahongir aka oʻqishdan qaytyapsalar, shunaqa yongʻoqzorda bazm avjidamish. Iya, Sa’dullaxoʻja akam uylanyaptilar ekanmi, men shaharda yurib eshitmay qolibman-da, deb burilishlari bilan: «E, keling, Jahongirxon, keling-keling»lab toʻrga boshlab qolishibdi. Qalin koʻrpachalarga oʻtqazib, oldilariga nonlar ushatib, mayizlaru shirinliklar sochib, «oling-oling»lab, mulozimat qilisharmish. Yugurib-elib xizmat qilayotganlar bir koʻpmish, oʻrtada oʻynab yotganlar bir koʻp-mish. «Qani, bismillahir rohmanir rohiym», deb ikki dona mayiz olar-olmaslaridan hammasi gʻoyi-ib boʻlib qolibdi. Oʻzlari yongʻoq tagida oʻtirganmishlar...

Oʻshanga oʻxshab, bu ham jinlarning ishi boʻlmasa edi! Shoshib kalima keltirdim: «La ilaha illalohu, Ollohu akbar».

Ammo nur turgan yerida turibdi. Yursam, yuradi, toʻxtasam, toʻxtaydi. Tavakkal ketyapman.

Yoʻl tiklay boshladi. Demak, shiyponga chiqib boryapmiz. Butun atrof zim-ziyo bir qorongʻilik qoʻyniga choʻmgan. Sirliki, qoʻyaverasiz, anavi kungi sovuqlar ketib, kunlar ilib, chirildoq chigirtkalar yana nagʻmalarini boshlab yuborishgan. Oʻzlaricha nimalar deyishyapti — yolgʻiz Xudo biladi. Axir, bekordan-bekorga sayrashmaydi-ku. «Balki manavi porillab turgan nur ham biz aqlimiz yetmaydigan, bizni qoʻllaydigan bir narsadir». Shunday deyar-demas ichim yorishib, qadamlarim ham tetik tortib qoldim. Qoʻrquvlarim qayoqqadir yoʻqolib, dadil shiypon yonidan oʻtib bora boshladim.

Ammo yetti qadam yurdimmi-yoʻqmi, haligi nur birdan gʻoyib boʻlib qoldi. Qachon yoʻqoldi, osmonga uchdimi, yerga kirdimi — bilmay-la qoldim. Va oldimda shiftdek birov paydo boʻlib:
— Kimsan, toʻxta! — deb ovoz berdi.

Sakrab tushdim. Nazarimda, yuragim tovonimgacha tushib ketdi goʻyo.
— Menman, — deya oldim zoʻrgʻa.
— Sen bilan necha pullik ishim bor! Oʻronni bilasanmi? — dedi u.

Oʻzimga kelib, oʻylab koʻrsam, qaerdadir eshitganman bu ovozni, bu talabni. Tanidim ham. U anavi shopmoʻylovning oʻzginasi edi. Va shu zahoti javob ham yodimga tusha qoldi:
— Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh, — dedim shoshib.
— Shu xolosmi, maqsuding-chi? — dedi u sal yumshab.

Oʻsha, koʻzimni bogʻlab olib kelishganda eslab qolganidim:
— Al-qasosu min al-haq, — deb aytdim dadil.
— Minal haq, minal haq, — deb qaytardi-yu, baribir ishonqiramadi, shekilli.
— Bemahalda maqib yuribsan? — deb soʻradi.
— Akamning oddiga kelayotibman, — dedim shoshib.
— Akang kim?
— Sultonmurod akam-da, bilmaysizmi?
— E, sen Olimmisan?
— Yoʻq, men Maqsudman.
— Ha-a, shunday demaysanmi, Salom kennoyining oʻgʻli! Kim yubordi, oyinglarmi?
— Yoʻq, oʻzim. Zarur ishim bor.
— Oʻzing kelgan boʻlsang, birov yubormagan boʻlsa, yana yaxshi. Unda beri kel, — dedi va Toyir zakun kabi bitta belbogʻini yechib, yuzimni oʻgirdi-da, koʻzimni bogʻlay turib, kimgadir ovoz berdi: — Hov Gʻulom akalari, men bu elchi bolani oborib kelayin-a? Bu yogʻiga oʻzingiz qarab turasiz-da, maylimi?
— Ruxsat-ruxsat, aka mullo. Faqat zeriktirib qoʻymangda bizni, koʻp qolib ketib? — deb qih-qihlab kuldi u kishi.
— Picha sabr kunet, ako, — dedi bu ham. Gʻulom aka yaqin joyda hiringlab kuldi:
— Bitta-yarimta soʻzini demasa, oʻzimiz qatorisiz-ku, aka mullo?
— Xudo xohlasa, urush kusar boʻlsin, oppon-sopponlar oʻtsin, oʻzim biir Oʻratepalarga oʻynatib kelay, oʻshanda koʻrasiz, aka mulloning qancha soʻz bili-shini...
— Qaniydi... Oʻzimam Tuvakdan chiqmaganimga qancha boʻldi.
— Bu, deyman, tuvagizam juda chuqur ekan-de, Gʻulom ako? — deb kuldi shopmoʻylov.
— Ey, siz sumagimizne koʻring, sumagimizne! Koʻzim boylogʻ, menam kulib yubordim.
— Yur, yuraqol, — deb shopmoʻylov kuragimga sekin turtdi. — Gʻulom akangga Yueuf qiziqlar bas kelmasa, biz pista poʻchoq. — Qayoqqa yurarimni bilmay, merovsirab turgan edim: — Qani, qoʻlingni bera qol, — deb oʻzi yoʻl boshladi. — Ha, mana shunday. Hov, Gʻulom akalari, biz ketdik.
— Ahmoqqa Toʻytepa bir qadam...
— Intizommi — intizom-da, aka, — dedi shopmoʻylov.

Men esam, turtinib-surtinib, borgim kelmay boryapman. Belbogʻini qoʻyib yuboray desam, koʻzim boyloq, qoʻymasam — qadami katta, pildirab qolyapman. Qadamimni hech moslay olmay, hali unga, hali bunga qoqi-naman. Axiyri yorildim:
— Shu yoqlarga bormasak nima?..
— I-i, nega endi? — U toʻxtadi.
— Baribir... qaytib kelamiz-ku?
— «Qaytib kelamiz?!» Bu nima deganing?
— Meni oborayotgan yeringizni bilaman.
— Qaysi yerni? — dedi u duduqlanib.
— Akam oʻtirgan oʻsha joyni-da. Qarorgoh deysizlarmi?

Chindan ham kallamning bir chetida yertoʻlaga tushiladigan joy aniq-taniq koʻrinib turar, ammo shop-moʻylov hozir meni tamom teskari tomonga boshlab borayotgan edi. Balki aylantirib-aylantirib, qaytib kelib, oʻzicha bu hech narsa bilmadi, deb oʻylar.
— Yoʻgʻ-e, — dedi u hayratlanib.
— Rostdan koʻrib turibman. Ishonmaysizmi?
— Qoʻyib yuborsam... topib bora olasanmi?
— Topganda-chi!
— Xoʻp, unda ayt-chi, shu turishingda u qaysi tomonda? — dedi sinagisi kelib.
— Umi, orqamizda qoldi. Siz meni boshqa yoqqa boshlab boryapsiz.
— Zoʻrsan-ku, sen bola! Xoʻp, menga ayt-chi, tushadigan joyni koʻryapsanmi yokim boshqa narsani?
— Uniyam, yertoʻlaniyam.
— Yo tavbangdan! Gʻalati-ku! — dedi u tan bera boshlab. — Men seni rusumiga toʻgʻrilab, adashtiraman desam... qoyil! — U kiftimga qoqib, koʻzimga bogʻlangan qiyiqni chechib yubordi va engashib, qulogʻimga shivirladi: — Ammo-lekin akangga aytib oʻtirmaysan. Bizni xuddi enamizni Uchqoʻrgʻondan koʻrsatadi-ya.
— Xoʻp, — dedim bosh irgʻab, — aytmasam aytmadim.
— Qani, boshla, boʻlmasa.

Men qaytib, boya koʻk nur yoʻqolgan joydan qayrilib, toʻgʻri pastga ina boshladim. Yetti qadam yurmasimdan ishkom orasida oyogʻim zinaga turtinib, toʻxtadim. Pastdan bedana shoʻrvaning hidi gurkirab kelar, eshikning tepa zihida ipdek yorugʻ koʻrinar edi. Bu oʻsha adyol eshik edi. Toʻxtab, tushaverayinmi, deganday ruxsat kutib, oʻgirildim.
— Astagʻfirulloh, qoyilman senga, pakana pari, qoyilman. Kiraver. Ular bir narsa desa, mana, men borman. Men kallamminan juvob beraman, — dedi shopmoʻylov azbaroyi toʻlqinlanib ketganidan koʻksiga nuqib.

Ichkaridan, oʻra tubidan kelayotganday, pangʻ ovoz chiqdi:
— Hov, nima shovqin, aka mullo?
— Yoʻq, biz, — dedim men va shipillab tushib bora boshladim.

Gʻulom aka oʻzining kamgak-qorovulxonasida ovqatlanayotgan ekan, belbogʻiga lab-lunjini artib, chiqib keldi va tanib:
— Ha-a, senmi, eshon bola, — dedi xotirjam tortib, — kir, kira qol. Akangning xabari bor.

Adyolning bir chetini koʻtarib, ostonada qotib qoldim...

Chaman

Yertoʻladagi pastak yogʻoch karavotda akam bilan... kim deng, hov qachondan beri qorasini koʻrsatmay ketgan oq shapkali Charli shoʻrva ichib oʻtirishar, oʻrtalaridagi hali qoʻl urilmagan bosmadan yengil hovur koʻtarilar edi.
— E-e, kel-kel, Charli bilan ikkoving qaynanasi suygan yigitlar ekansizlar. Ozib-yozib bedana bosma qilsak, nasiba haydab kelib turibsizlar, barakalla,— deb akam kosani qoʻyib, oʻtirgan yeridan qoʻzgʻaldi:— Qani, beri kel-chi.

Men ichkari kirib, qoʻlimni koʻksimga qoʻydim:
— Assalomu alaykum.
— Va alaykum, — dedi oq shapka ovozini oʻzgartirib va soʻridan tusha och boʻriday boʻynini choʻzib, alpang-talpang yurdi. — Hap saloming boʻlmasa, ikki yamlab, — xuh! — bir yutardim, — deya quchoqlab oldi meni. Bagʻriga bosib, kuraklarimni silarkan: — Ob-bo, pakana pari-ey, topib keldingmi-a? Oʻzing-a? Oʻsha tepadagi ostonada yotgan moʻylovdor sherni avrab-a? Zoʻrsan, zoʻr, — deb alqay ketdi.

Akam ham koʻrishib, ikkovlashib dasturxonga qistadilar.
— Chiq, tepaga chiq. Senbop joy oʻzi. Men hijolatda oyoq tiradim.
— E, biz rozi boʻlgandan keyin chiqavur-da.

Men joylashib ulgurmay, Gʻulom aka yogʻoch kosada shoʻrva olib kirdi.
— Oʻzi bir choʻmichgina qolgan ekan, nasiba-da, eshon bola, — dedi mulozimat bilan.
— Ol, — dedi akam ham jilmayib, — eshitdim, bu senga ona sutidan halol ekan.

Ana xolos! Ammo oʻzimni bilmaganga soldim. Akamning kayfi chogʻ edi, xaxolab kuldi:
— Ha, toʻrvani tashlab ketmasang, bu bedana shoʻrvayu bosmalar qayoqda edi!

Uyalib ketdim. Quloqlarimning tagi lovullay boshladi:
— Biz bilmasdan kirib qopmiz...

Gangir-gungur bilan bedananing suyagini mujib-mujib maza qilarkanmiz, men nimaga kelganimni tamoman unutgan, bir maynavozchilikka tushsa, odamning pchagini uzib, dumalatib qoʻyadigan oq shapkaning gapiyu qiliqlariga mahliyo boʻlib oʻtirar edim. Axiyri, choy kirib, bir piyoladan ichilgach, kutilmaganda Charli koʻlini kirkiga oʻxshatib chalib turib, birdan: «vigʻ-viq, vigʻ-viq, pat-paloq, pat-paloq»lab sayrab yubordi. Va menga koʻz qisib qoʻydi:
— Nima balo bular zoʻr sayratmaniyam qoʻshib, bosmaga bosvorganmi? Shularga bedana tashlab ketib oʻtiribsanmi, eh, sen pakana pari, — deb iljaydi.

Uning qiligʻiga akam ham yoyilib kuldi.
— Yaxshiyam tovuq soʻyib bosmaganimiz, Chaman? boʻlmasa, tuxum qoʻyishga joy topolmay necha kun olamni buzarkansan.
— Shuni ayt, shuni ayt, — deb turib, oq shapka xontaxtani tapillatdi. — Yoʻq, behazil, oxirgi paytda menga bir balo boʻlgan. Qazi yeb qolsam, otdek kishnayman. Novvos goʻshtidan boʻlgan norin xalpanaga qoʻshilishib qolsam, shu, moʻragim kelaveradi, kelaveradi.
— Boʻlmasa, kelasi gal uloq soʻydirib bir narsa gayyorlatib qoʻyay, — dedi akam tizzasiga shapatilab.
— Ana, doʻstingdan top, degani shuda, shuda, — dedi Charli (qarang, Chaman degan chiroyli oti borakan-ku, qayoqdagi Charliga koʻnib yuribdi) hazillariga nuqta qoʻyganday boʻlib, mijjalarini roʻmolchasi bilan artdi, keyin menga koʻzining qiri bilan zingil tashlab: — Xoʻ-oʻsh, pakana pari, bir yayrashdikmi? — dedi va bir nimaga shama qilib, qoʻshib qoʻydi: — Agar sizlarda yangiliklar boʻlmasa, menga javob. Vaqt ham...

Men nimaga kelganim esimga tushib, yalt etib, bir unga, bir akamga qaradim.
— Xoʻsh, — dedi akam qoʻlidagi choyni oxirigacha xoʻplab. Soʻngra piyolaning keti bilan tizzasini ezgʻilashga tushdi. Charli esa, ma’noli koʻz tashlab:
— Oʻsha gap boʻlsa kerak-da, — dedi.

Gʻashim keldi, meni nazarlariga ilmayotganday tuyuldi. Shuning uchun oʻzimning ham, bu kelishimning ham ahamiyatini koʻrsatib qoʻyish maqsadida katta odamlardek salmoq ila:
— Sizlarga tegishli bir gap eshitdim... — dedim oʻzimni goʻyo beparvo tutib. Moʻljalim toʻgʻri chiqdi, ikkalasi ham «qani-qani»lab qolishdi. Vaqtni atay choʻzib, shundan soʻnggina gap boshladim. Anuv qoʻyin daftar, undagi sirli yozuvlar... yongʻin toʻgʻrisida... Ora-orada Charliga qarab xijolat boʻlib qolsam, akam: «Aytaver, Chaman oʻzimizniki-ku», deb qoʻyadi. Ammo hech Olim akamning ismini tilga ololmasdim. Lekin akam baribir sezdi. Sezdiyu yuzi tundlashib, jim boʻlib qoldi. Buning ustiga ogʻaynisining: «Vot, koʻrding!» degan pisandasi oshib tushdi.
— Qani, u narsa? — dedi u nihoyat. Ovozi qaltirab chiqdi. — Oʻsha... aytvotganing?..
— Bilasizmi... ishonasizmi... — Aytishga hech tilim bormay... koʻzlariga javdiradim.

Akam tushundi. Tushungan boʻlsa-da, ishonolmay, allaqanday qiynalib:
— Sen yashirma, Maqsud, — dedi, — aytavur borini. Chaman oʻzimizniki.

Men baribir aytolmadim, aytishni ep koʻrmadim:
— Ishoning. Rostdan ham u... yoʻqolib qoldi, — dedim oʻzimni aybdorday his etib. — Boʻlmasa, olib kelmasmidim.

U yuzimga bir alpozda termuldi. Men ham uning betiga qarab turib, achinib ketdim. Oʻrtaga hech gap sigʻmas edi. Akam uzoq jim qoldi.

Shu oʻtirishida u eng yaqin kishisini koʻmib kelib, tilovat payti jim qolgan odamga oʻxshar edi. Haligina tizzasini ezib oʻtirgan anor gulli piyola hozir oyoqlari orasida toʻnkarigʻliq yotar edi. Uning ra’yiga qarab, hatto shunday soʻzamol Charli ham tek qotgan, koʻz ostidan ora-chora qarab-qarab qoʻyadi, lekin bir narsa demaydi. Axiyri Sultonmurod akam pishillab, chuqur tin oldi. Oʻrnashib oʻtirishga uringan edi, tagimizdagi kat gʻirchillablar ketdi. Bizga qaramay yuzlarini ishqab, bosh chayqab qoʻydi. Soʻng oʻkinch ila:
— Yigitlar shuncha gap keltirganida ham, sezmaganga olib ketar edim, — dedi ezilib. — Kallamning bir chekkasida xasmolday turar edi-yu, oʻldimi, bir ota, bir onaning farzandlari shunchalikka borsak deb... Oʻzimgayu unga insof tilardim Xudodan har gal. Axir, undan boʻlak kimim bor mening, Chaman, bu yorugʻ jahonda? Yana kimim qoptiki?.. — U toʻliqib oʻrnidan turib ketdi va darhol oʻgirildi. — Qoʻrgʻonimizni koʻrgansan: burgan bosib, bir xarobazor boʻlib yotibdi. Boyqushlarga vatan boʻlib, yumronqoziqlarga in boʻlib! — U quruq yutindi.— Axir, bir vaqtlar kimsan Abdurahim eshon pochcha desa, Toshkentning yarmi tanir edi. Otamizdan maslahat soʻrab, fatvo istab keladiganlar qancha edi. Qa’ngʻliyu Choʻlponotaning duogoʻy qariyalari, zoʻr-zoʻr mullalari yigʻiladigan shunday tabarruk joyni nima qildilar?! Allaqanday bir olacha toʻnli «ozodlik kuychisi»ni mutaassiblar yoʻq qildi, deb bir kechada millatning gulini terib ketmadilarmi, Chaman?! Qizil vagonga bosib, sovuq oʻlkalarga olib ketilgan oʻsha guruh-guruh chollarimiz oʻsha kuychini tanirmi edilar? Yurtdan iymonni koʻtarish uchun oʻylab topganlarini hech kim bilmasa ham, sen bilasan, Chaman. Oʻzlari yoʻqotib, «eshonlar, mullolar toshboʻron qildi» deb olamga jar soldilar. Holbuki, bular yurtimizning iymon tayanchlari edi. Iymonimizdan judo qilmoqchi boʻlishdi bizni. Shundan keyin xonadonimiz toʻzib, oʻzimiz birovlarning eshigida qoldik. Xudoga ming qatla shukr, boshimizni silaydigan qoʻl, qornimizni toʻqlab, ochdan oʻldirmaydigan odamlar bor ekan. Ammo mana bu koʻksimizdagi kemtikni kim ham toʻldira olardi? Kechalari bosib keladigan u oʻksikni kim ketkiza olardi? Eh, Chaman, Chaman, aytishga oson, tagʻinam fil ekanmiz, tishni tishga bosib, miq etmay kelayotirmiz. Oʻshalaringga qarshi bitta oʻq otganim bormi? Nafratimni sochganim bormi? Bor-yoʻgʻi yurtimning tinchini allaqanday olchogʻu oʻgʻri-qaroqchilardan, shapkali zuluklardan qoʻriqlamoqchi boʻlsam, meni oʻziga dushman sanaydimi hukumating? Tirnogʻining ostidagi menday bir zirapchadan, hali xasmolga aylanmagan yarachadan shunchalar qoʻrqadimi bularing?!

U ikkala tizzasini qoʻshib quchoqlab, miq etmay oʻtirgan doʻstining qoshiga savol yogʻdirib kelar, oʻzini qoʻyarga joy topolmay, yana ortiga qaytar edi. Torgina yertoʻlada borib-kelib alam va nafratlarini bizga «sochar» edi:
— Nima, men Madaminbek edimmiki, Namozmi edimmiki, erta-birisi kun yigit yigʻib, qilich koʻtarib chiqadi, deb choʻchisalar?! Nihoyati oʻzimizning oramizda oʻzimiz tartib oʻrnatolmasak, unda biz kimmiz? Zabunlikka shunchalar mahkummizmi?

Oshnasi boshini koʻtardi, ammo tik qarayolmadi:
— Urush payti, senam tushun, — dedi sekin.

Shu bir ogʻiz soʻz kamlik qilib turgan ekan, akam shart qayrildi:
— Ha-ha, tagʻinam urush payti, boʻlmasa, ikki kunda ushlab ketib, tiqib tashlardi tiqadigan joyiga. Benomu nishon ketardik ham. Ha, deyaver!
— Hozir ham ayamasalar kerak, — dedi oshnasi oʻsha-oʻsha mulohazali ohangda.

Akam birdan zavqi toshib, tizzasiga urib qoʻydi.
— Xeh tavbangdan! Meni kim deb fahmlaydi bularing?! Men Shayboniyxon yo Poʻlatxon edimmiki, xonlik tuzsam, saltanat soʻrasam! Balki mendan yangi Temur chiqar? Xeh, doʻstlarim-ey, doʻstlarim-ey! — U ikki yoniga shapatilab-shapatilab kularkan, Charli oʻqraydi:
— Jinni boʻlma, devorning ham qulogʻi bor!

Akam bepisand qoʻl silkidi:
— Qoʻrqib boʻldim oʻsha quloqlariyu yelpataklaridan! Menam, menam, bilsang, oʻz yurtimda odamga oʻxshab yashagim keladi. Yayragim keladi, ey Chaman! — deb koʻksiga nuqa-nuqa unga qarab yurdi. — Mening ustimda allaqanday yuvindixoʻrlar, yaltoqilar, eliyu ela-tini xorlatib qoʻyganlar emas, iymoni butunlar tursa, deyman. Menam hamma qatori otalarim oʻtgan joyni vatan tutib, bola-chaqa qilsam, kunimni koʻrsam, orqamda chirogʻimni yoqib qoladiganim boʻlsa, deyman. Pushti-sulolamiz uzilib bitmasa, deyman. Axir, saltanat emas, kindik qonim toʻkilgan joyda bir parcha vatan tiklashga haqqim bordir mening ham?!
— Bor, — dedi oshnasi nochor-noiloj.
— Bor boʻlsa, qoʻysinlarda holimga. Tushunsinlarda meniyam. Padari buzrukvorimizni ayamagan, bizni toʻzitib, mana bunday tentiratib qoʻygan kimsalar bilan men qanday elakishib ketay, osh-qatiq boʻlay? Oʻzlari boʻriga aylantirib, qoʻydek yuvvoshlikni kutadilarmi mendan? Ikki dunyoda ham ado boʻlmaydi bu yuragimdagi zardoblar. Men qanday kechirib ketay? Orqamga tashlay? Moʻmin degani zabun deganimas-ku!

U qayrilib nari ketdi va oʻsha burchakda qoʻllari beoʻxshov qaltirab, tamaki oʻrashga tushdi. Chiroqning olov tili ham bir chayqalib, yana qotdi, ogʻir yona boshladi. Katning tagidagi allaqaysi burchaqda chigirtka chirillab, bu kuzning soʻnggi qoʻshigʻini toʻqishga kirishdi. Erta birisi kun sovuqlar tushishi bilan u ham bir kunjakka oʻzini urib, qish uyqusiga ketadi. Hozircha...

Chaman oshnasi ham oyogʻini katdan tushirib, choʻntagidan popiris chiqardi va menga qarab quv koʻzini qisib qoʻydi:
— Ey, pakana pari, bedanalaringni ichida bittasi yomon zoʻr ekanmi? — dedi nimagadir shama qilib.

Men yelka qisdim.
— Yoʻq, sen yelka qisma. Kelib-kelib oʻshanisi akangga tushibdi. Buliqtirganini koʻrdingmi?

Akam turgan yerida boshini burib, yomon qarab qoʻydi va oʻzini bosib:
— Sen hazilga burma, Chaman, — dedi, — maynavozchilikning ham vaqti bor.

Charli popirisini chiroq shishasining ustiga tutib, qattiq-qattiq tortib olovlantirdi-da, qaddini rostladi.
— Har narsaning vaqti boʻlsa, senam mashvaratni qoldir, vaqti emas hozir. Koʻp odamning kasriga qolasan, — dedi birdan jiddiy tortib.
— Iloji yoʻq, — dedi akam qaysarlik-la bosh chayqab, — mening yigitlarga aytar soʻzim bor. U kim edi oʻzi, deb yurmasinlar umrbod. Meni deb, menga ergashib qaroqchi atalmasinlar! Bir umrli tavqi la’natga uchrab, qora roʻyxatga tirkalmasinlar. Undan koʻra, shu soxta vatanning himoyasiga ketganlari afzal. Jilla qursa, qahramon atalib oʻladilar-ku. Nomlari tarixda qoladi-ku. Menga ergashib nima topadilar? Gʻururnimi? Gʻururning qadri sariq chaqaga teng zamonda u kimgayam kerak?!
— Sultonmurod! — Kutilmaganda Chaman popirisini yertoʻlaning bir chetiga itqitib yubordi. Uchqunlari devorga urilib, mitti mushakday har tomon sochildi. — Bas! Ertaga men senga hech qanday yordam qilolmayman. Odamni nochor qoldirma. Mening vaqtim bitdi.
— Xoʻp, — dedi akam qayrilib qoʻlini uzatgancha,— seni Oqtepagacha oborib qoʻyishadi. Koʻrishmasak...
— Shoshma. Qizishib hech kim hech narsaga erishgan emas. Bizni shu qiziqqonligimiz boshimizga balo boʻlgan hamisha. Oʻzibilarmonligimiz ado qilgan, bilsang, ne-ne saltanatlarni.

Akam qoʻl siltab, nari ketdi:
— Qoʻy, bu gaplarni, Chaman. Men saltanat da’vosida yurgan odam emasman. Xonlar sulolasidan ham emasman. Katta oxurdan yem yeb oʻrganganlar boshqa. Buni sen yaxshi bilishing kerak.
— Men-ku bilaman. Lekin ular... mendan ham yaxshiroq bilishadi, qoʻyib bersa, sendan kim chiqishini.
— Mendan? Xeh, tavba! Qadamini oʻlchab, xatlab yurishga mendan boʻlak odam topisholmabdimi? — dedi akam allaqanday zavqlanib va hazilga burib.
— Topisholmabdi-da, — dedi doʻsti. — Sen Oqsaroyu Goʻri Amirga borib kimni tavof etib yurganlaringni, Oloy malikasi Qurbonjon Dodho tarixi bilan qiziqib, qaerlarda qolib ketganingni hech kim bilmaydi deb oʻylaysan-da. Ularni kim deb oʻylayapsan? Kerak boʻlsa, sen hozir nima bilan nafas olib turganinggacha bilishadi. Chuchvarani xom sanama, oshna. — Aftidan, Chaman hali ketadigan emas, endi uning koʻzini moshdek ochib, soʻng joʻnamoqchi edi. Akam gardaniga shapatilab, achchiq kuldi:
— Xeh, ular hali oʻzlaricha yangi Xudoyorxon yasab qoʻygʻonlar, desang-chi...
— Xudoyorxon boʻlsang jon derdilar va burningdan buloqi oʻtkazib, ayshlarini suraverar edilar. Sen xavfliroqsan.
— Xavfli? Men-a? Yo tavbangdan! — U nasha qilib, yayrab kuldi.
— Aylantirma gapni, oʻzing yaxshi bilaturib! Sening yoshingda senday hur fikrlilar nimalar qilmagan?!
— Nimalar qilibdi?
— Yoqubbeklar Qashqarga hokim boʻlgan.
— Hokim emas, amir, — dedi akam.
— Ha-a, bilarkansan-ku. Ular bilmaydilar deb oʻylaysanmi, bu xalqning oʻziga qoʻyib bersa, qanday saltanatlar qurib olishini. Sen mening tilimni qichitma-da, aytganimni qil. Kallangni obdan sovutib olib, tanangga oʻylab koʻr. Bizga sen keraksan. Juvonmarg boʻlib ketishingga yoʻl qoʻya olmayman, ahvolni tushun!..

Chaman bir narsasini yoʻqotgan odam kabi kalovlanib turib, choʻntagidan yangi popiris oldi, lekin chekish fikridan qaytib, uni koʻkrak choʻntagiga tikdi-da, ketishga hozirlanib, akamga qayrildi.
— Endi menga ruxsat ber, yaxshi kunlarda koʻrishaylik, — dedi allaqanday toʻliqib.
— Mayli, yaxshi bor, — dedi akam ham quruqqina va xayr-xoʻshlashgan kabi orqasidan yurdi. Keyin: — Darvoqe, Chaman, — deb shoshib chaqirdi. — Anuv oshnamizni surishtirdingmi?

Chaman aka adyolni koʻtargan joyida toʻxtadi.
— Qaysi?
— Turgʻun chachol-chi, qoratoshlik? Qayoqqa yoʻqolibdi?
— Ha-a, umi? Aniqladim-aniqladim. Soʻramasang, paqqos unutibman. Bilasanmi, nima qipti? Hammasining oldiga bir qop poxol tashlab... survoribdi! qotiribdi lekin!
— Yoʻgʻ-e?.. Tuzalar-tuzalmas-a?
— Tuzalishini kutsa, ikki dunyoda ham qutulmasdi.— Chaman aka aytishga aytib, tilini tishladi. — Ishqilib qutulgani rost boʻlsin.
— Hozir... qaerda ekan?
— Bilasanmi, — dedi endi chaynalibroq va akamning tirsagidan ushladi. — Oshnang sendan qolishmaskan iz qoldirmaslikda. Yana surishtiraman, sen xotirjam boʻl.
— Mayli, surishtir, — dedi akam. — Bizni deb... jabr tortib yotmasin bir joylarda.
— Yotmaydi. Yotqizibam qoʻymaymiz, Xudo xohlasa. Mayli, sen chiqma. Toyir bilan yetib olamiz. Seni Yaratganga topshirdim. Yaxshi qol, sen ham, kichkina polvon. — U menga koʻz qisib qoʻyib, bosh egdi va yertoʻladan chiqdi.

Tangri Inoyati

Hech bu xilda uygʻongan emasman: ichim toʻxtovsiz hapriqib, gʻashlanib yotibdi. Nimaga shunday, nima qilsam yoziladi, bilmayman. Bunaqa boʻlmagan hech.

Saharga yaqin tush koʻribman.

Tushimda oftob bu yoq qolib, narigi yoqdan, botadigan tomondan chiqib kelayotganmish. Qip-qizarib, xuddi bir tandir laxcha choʻgʻday. Botsa kerag-ov desam, ufkdan uzilib, bir gʻalati havolanib boryapti.

Oyimning oldilariga yugurdim.

«Oyi-oyi, uni qarang, quyoshni qarang».

Oyim namozdan turayotgan ekanlar, qaytarib soʻradilar:

«Nima deding?»

«Hech mahal teskari yoqdan chiqadimi kun?» dedim men.

«Nauzambilloh, nauzambilloh, nima deyayotganingni bilasanmi oʻzing? — deb oyimning yuzlari oqarib ketdi va umrlarida birinchi marta meni jerkib tashladilar: — Esingni yebsan! Qiyomatda shunaqa boʻladi! Nari bor!»

Tavba. Men aylanib kelib, yana soʻrarmishman.

Shundan beri koʻnglim gʻash, chiroq yoqsa yorimaydi. Ustiga-ustak, hapriqqani-hapriqqan. Maktabimga borgim yoʻq, sigirimga qaragim yoʻq. Kiraman-chiqaman, chiqaman-kiraman, qoʻlimni tayinli bir ishga urol-mayman.

Qoʻrqa-pisa kunga qarab qoʻyaman. Betida biron oʻzgarish axtaraman. Yoʻq, oʻsha-oʻsha nurini ayamay sochib yotibdi. Ertalab tussizgina boʻlib koʻringan edi, endi terak boʻyi koʻtarilib olib, yozdan qolgan kami boʻlsa, mana, deb charaqlab turibdi. Moviydan-moviy, tiniqdan-tiniq osmonda zarra oʻzgarish, gʻubor yoʻq.

Qaytangga boshdan-oyoq bir tekis sargʻaygan oʻrik barglariga qarab, koʻz toʻymaydi. Ularning oʻzi ham har bittasi bir oftob boʻlib, sap-sariq nurga botib yotibdi. Xuddi koʻzga koʻrinmas bir zoʻr rassom kechasi bilan bu oʻrik barglarini bitta qoʻymay yombirangga boʻyab chiqqandek. Yerda ham u barglar gilam boʻlib toʻshalib yotibdi. Ahyon-ahyonda ikki juftginasi tepadan quvalashib uchib tushib, oʻsha sariq gilamda qoʻnim topishini aytmasa, kechagi kunlardan farqi yoʻq.

Ammo yodimga kechagi kun, yoʻqolgan jajji daftar-a va undagi yozuvlar, meni shiypon tagiga yetaklab borgan sirli koʻkishtob nur... tushadiyu yana ichim orziqib kela boshlaydi. Nimadandir hapriqaveradi. Kimgadir yorilgim, qayoqlargadir qochib ketgim, kimlarnidir koʻrgim, tikilib-tikilib toʻyib olgim kelaveradi. Yana tushimdan qoʻrqib-qoʻrqib qoʻyaman. Xudoning oʻzi asrasin ishqilib. Balki bugun Boʻzsuvda qiyomat qoʻpmas?.. Akam mashvaratni qoldirgandir? Tanasiga oʻylab koʻrgandir? Ilohim, Xudo koʻngliga solgan boʻlsin. Qirgʻinning oldini olgan boʻlsin Oʻzi...

Oyimning qistovlari bilan maktabga borib qaytdim. Kelsam, oyim tok qirqayotgan ekanlar. Ayol boshlari bilan bir ishkomni ochib qoʻyibdilar. Kelasi yilga qoldirilgan qoʻngʻirtob novdalaru tok zanglari hali ustidan tushirilmagan boʻlsa ham, ishkom allaqanday gʻarib tortib qopti. Qarang-a, toklarni koʻmadigan payt ham kepti.

Kitob-daftarlarimni supaga itqitib, oldilariga yugurib bordim.
— Qoʻying, oyi, men turganda shu sizning ishingizmi? — dedim jahlim chiqib. — Tokqaychini menga bering.

Oyim iyib ketib, mayin jilmaydilar.
— Buniyam kesishda kesish bor-da, oʻgʻlim. Sen tanlab bilarmikansan?
— Bilmasam, koʻrsatib turasiz-da, oyijon.
— Unda, ma. Ilohim, er yetib, qoʻlimdan ishlarimni olganing rost boʻlsin! — deya tokqaychini uzatib, duo qiddilar.

Men kalta boʻgʻinli, qizarib pishgan novdalarni oyim kesganlari kabi yarim qulochcha qoldirib, qirqib tushira boshladim. Oyim birpas buni qoldir, buni olib tashla, deb turib, koʻngillari joyiga tushdi shekilli, yuz-qoʻllarini chaygani ketdilar va hech qancha oʻtmay boshqa roʻmollarini boshlariga tashlab chiqdilar. Bosh-oyoq kiyinib olibdilar. Qayoqqadir otlandilar, shekilli. Hayron qaragan edim:
— Qoʻldosh togʻangdan xat kelganmish, men Qumri kennoyingdan birrov koʻngil soʻrab chiqay, — deb oʻrta yoʻlga qarab yurdilar.
— Maylin, — dedim men yolgʻiz qolish oʻzimga ham yoqib.

Men oʻzi shunaqaroqman. Yolgʻizlikni yoqtiraman. Ish qilsam ham, birov aralashmasa. Tepamda turmasa, oʻz xayolimga qoʻyib bersa. Istasam, anhor boʻyiga chiqib, doʻngda Yakkabogʻ tomonlarga tikilgancha soatlab oʻtiraversam. Istasam, tomga chiqib ketsam, Boʻzsuvning ikki betkayidagi yuki bilan choʻkib yotgan nortuyalar misoli tepaliklarda, qamishlari sargʻayib, poʻpanay chiqarib yotgan jarlarda biron jon asari koʻrinib qolishini ilhaq kutib... xayol suraversam. Narigi betda elas-elas bilinib turgan yertoʻlalardan koʻzni uzmasam...

Bugun kechga yaqin «choʻkkan tuya karvonlari» ustida yo qiyomat qoʻpib, olatasir boshlanadi, yo hammasi eski holicha jim-jim qolaveradi. Yo anuv xabar haq boʻlib chiqadi, yo... Akam nima qarorga keldi ekan?
— Kichikoyi, ho, kichikoyi?..

Xayol bilan boʻlib avvaliga eshitmabman, eshigimizda birov chaqirib turgan ekan. Kim koʻp, oyimlarga ish koʻtarib keladiganlar koʻp. Turgan yerimdan javob qila qoldim:
— Oyim chiqib ketuvdilar.

Eshik gʻiytillab ochilib, qizil duxoba paranji yopingan birov koʻrindi. U chimmatni koʻtarmagan holida hovli sahniga qarab turardi. Koʻzni olovday olguvchi bunday paranjini qaerda koʻrgan edim-a? biron toʻy yo ma’rakadamikan?
— Sizga kim kerak, opoqi? — dedim hayratlanib. Qiziq, sachvonini yo koʻtarmaydi, yo ovoz berib qoʻya qolmaydi? Tok roʻdalarini bosib oʻtib, olchalarimiz orqasidan ochiq joyga chiqib bordim:
— Ishingiz zaril boʻlsa, chaqirib bera qolay.

U bosh eggancha, sachvoni ichida qoʻli engahiga borib keldi:
— Men, kelinoyizman, eshon bola, — dedi koʻngli buzilgandek boʻlib.
— Iy-y, sizmi edingiz?.. — Olovday paranjini birdan esladim. Men uni ilk bor Bahriddin akamning toʻyi kechasi, kelinni jim-jim goʻshangaga kiritib yuborishayotganida koʻrgan edim.
— Menman... men oʻsha baxtiqaro, qaynijonim, — dedi u titrab-qaqshab.

Men uning istiqboliga chopdim.

U chimmatini koʻtarib boshiga tashladi. Koʻzidan tinimsiz yosh oqar edi. Koʻnglim buzildi.
— Yigʻlamang, kennoyijon! Siz yigʻlasangiz, biz qanday chidaymiz?

Unga nima boʻldi ekan? Qiz bola boshi bilan izlab kelibdimi? Yo oyimlarga kiyim tiktirgani kelgan-u, meni koʻrib, akam, bu xonadonga kelin boʻlolmaganlari... esiga tushib, oʻzini tutolmay qoldimi? U yoqda akam uzil-kesil hal etmaydi. Oʻsha qarorgoh, oʻsha mashvaratlari shu kennoyimdan afzal ekanmi?!

Kennoyim nimchasining choʻntagidan roʻmolcha olib, koʻziga bosdi. Kaftdekkina roʻmolchasi ajinagulli chitdan, odmi edi, lekin gir aylana hoshiyasiga toʻqilgan gajimi, pistonli yaltir-yultir shokilasi bir ajoyib.

Margʻu kennoyim kutilmaganda oʻzini tutib, yomgʻirdan keyingi oftobday ochilib qaradi.
— Kechirasiz, qaynijonim, men asli kichikoyimlarga kelgan edim. Bormilar?
— Kiring, kiravering, hozir chaqirib kelaman. Uzoq ketmaganlar, — deya qistay boshladim.
— Mayli, kirsam-kiray, bu yangi uylaringizga hech kelmagan edim, — deb hovlimizga qadam qoʻydi. Boshidan paranjisini olgan edi, kelinchaklardek boʻldi-qoldi.

Men unga qarab turib, ich-ichimdan zil ketdim: fotihalar boʻlib, taqdirga tan beribdida shoʻrlik kelinoyim! Na Bahriddin akamga, na Sultonmurod akamga buyurmadi-ya. Eh, aka-aka, nimalar qilib qoʻydingiz?

U yangi kelinchaklarday bir oz sollanib yonginamda kelarkan, shamol esibmi, etaklaridan epkin koʻtarilibmi birdan kelinlik iforlari gurkirab ketib boshim aylanayozdi. Uzimni allaqanday sarxush, yengil sezdim. Nazarimda olam qaytadan bahorga kirib borayotganday edi. Koʻz oldimdan esa qiygʻos gullagan shaftolizorlar saf-saf oʻtarmi, tepamda qumrilar sayrarmi edilar. Tomimiz usti, boʻgʻotlarida qizgʻaddoqlar ochilib, chuchmomalar salom berib yotganday goʻyo...

Men ham sal darveshroqman shekilli, mehmonga koʻrpacha solish oʻrniga qayoqdagi xayollarga berilib ketibman.
— Yuring, kelavering, — deya uni supamizga qistadim. Kennoyim hali supa zinasiga yetmagan edi, birdan qichqirib yubordi:
— Voy, shoʻrim!

Men oʻgirilib, hayratda qoldim: bogʻ etagidagi yoʻlakda Sultonmurod akam kirib kelar, hali bizni koʻrmagan, kennoyim esa, qoʻllarini yuziga bosgancha, nima qilarini, qayoqqa qocharini bilmay dovdirab turar edi. Paranjisini yopay desa, supa chetiga tashlab ulgurgan...

Akam esa tashvishi oʻziga yetarli edimi, haligi qichqiriqni ham anglamay, jiyda tagidan oshiqib kelyapti, hatto bu yoqqa qarab qoʻymaydi. Margʻu kennoyim shosha-pisha paranjisini yulqib qoʻliga oldiyu aylantirib boshiga soldi, ammo sachvoni oyoqlari tagiga otilib tushdi. Enkayib, olishga oldi, ammo yopinib ulgurmay; yarim oʻgirilgan holicha turib qoldi. Qoʻlga tushgan qushchadayin dir-dir titray boshladi.

Akam ham nihoyat uy burchagidagi barglari garmdoridek qizarib, toʻkilishga yuz tutgan shaftoli tagidan oʻtib bizni koʻrdiyu koʻzlariga ishonmaganday hayratda toʻxtab qoldi.

Sekin supadan tushdimu oʻzimni oʻng kelgan joyga — oshxonaga urdim.

Hovlida ogʻir-vazmin oyoq tovushlari yaqinlashib kelib, nihoyat, u rayhon uvatida toʻxtadi.
— Margʻu, rostdan oʻzingizmi? — dedi akam. Kennoyimdan sado chiqmadi.
— Nega indamaysiz, Margʻu? Xafamisiz mendan? Akamning holini bilmayman, lekin oldi ochiq oshxonadan kennoyimni koʻrib turibman: u hamon paranjisining bir chetini yuziga parda etib, qiyrixon qarab turibdi. Lekin negadir hech javob qilmasdi. Akam betoqatlanib, yaqinroq yurdi.
— Margʻuginam, tushuning, axir, — dedi oʻtinch-la.— Kelarga bir iloj topsam, kelmasmidim. Ne qilayki, ixtiyor etganim bilan...

Kennoyim jim, ammo angoridan oʻkrab yuboray deb turibdi. Nimaga ham boya biratoʻla koʻchaga chiqib keta qolmadim? Bularni bu alpozda koʻrmas ham edim, noqulaylik sezmas ham edim. Hozir esa, ixtiyorimdan tashqari ularning uchrashuvlariga shohid boʻlib qolayotgan edim.
— Men oʻzimni oqlamoqchi emasman hech. Lekin Xudoyimning xohishi shunday boʻldi shekil, Margʻu.

Kennoyim achchiqlanib akamning yuziga ilkis qaradiyu yana shartta yuzini oʻgirib oldi. Beixtiyor qoʻlidagi sachvonni ezib-gʻijimlar, gʻijib-ezgʻilar edi. Akam uning bu holini sezmaymi, davom etdi.
— Ilojimiz qancha, Margʻu, balki roʻzi azalda peshonamizga bitilgani...

Koʻrib turibman: kennoyimning koʻzlari yonib-yolqinlanib ketdi. Unga yomon qaradiyu yana arazlab, yuz burdi. Akam kutilmaganda uni sensirashga koʻchdi:
— Oʻzing oqila qizsan — tushun. Mening ahvolim, bizning boshimizdagi manavi shoʻrishlarni Oʻzi koʻrib-bilib turibdi. Qolaversa, Margʻu, bizning aytganimizmas, istaganimizmas, Uning yozgani boʻlgay. Uning xohlagani shu ekan,.. nega boʻyin egmaylik?! Shunisigada shukr, Margʻu. Meni deb bu aziz boshingga sotib olma balolarni, qoʻy. Endi biz duolarimizda yashagaymiz. Nomimni duolaringdan qoʻymasang, bas.
— Sultonmurod aka! — Kennoyim birdan paranjiyu sachvonini itqitib, unga oʻgirildi. — Iltijo qilaman sizdan, unday demang. Meni tiriklayin oʻldirmang! Shuncha chekkan azoblarim, zahar-zaqqumlarim yetmasmidi, kammidi, axir? — Va hoʻngrab yubordi-da, orqasini oʻgirib, supa chetiga oʻtirib qoldi. Boshini ogʻir-ogʻir chayqab turib, yelkalari silkinib-silkinib, sim-sim yigʻlay boshladi.

Akam kennoyimning tepasiga keldi. Yelkasidan tutib yupatishga taraddudlandi-yu, nimanidir oʻylab, qoʻlini tortdi. Soʻngra tik turgancha:
— Margʻu, — dedi bosiq bir tovushda, — mayli, mening oʻsha soʻzim soʻz. Sen uchun shu gunohni ham boʻynimga olay, faqat, boʻzlama bunaqa. — Negadir belbogʻini yechib, artib ol koʻzyoshlaringni, dedimi, boshingni berkit, dedimi, kennoyimning yelkasiga tashladi. — Endi men boray, kutib qolishdi. Bular bilan xayrlashgani kirgan edim. Xudoyimning inoyatini qaraki, bizni shu yerda, shu soatda koʻrishtirdi. Uchrashtirmasa, nima qila olardik?! Xayr endi, yaxshi qol.

U burilib bir odim bosdi. Kennoyim sapchib oʻrnidan turib ketdi:
— Sultonmurod aka! Jo-on, Murod aka!

Akam toʻxtadi.
— Nima deysan? — dedi yarim oʻgirilib.
— Axir, bu yogʻi toʻy... mengayam oson tutmang!
— Soʻzim soʻz, dedim-ku, Margʻu! Sen meni bilasan! — dedi akam dona-dona qilib.
— Bilaman, lekin... jilla qursa, Xudo xohlasa, deng! Ishontirib keting!
— Oʻzi shohid shu turishimizga. Insha Olloh, oʻzi koʻllagay.
— Qoʻllasin, ilohim, men ishondim, — dedi kennoyim yigʻlamsirab va yuzlariga fotiha tortdi.

Akam burilib keta turib birdan alanglab qoldi:
— Maqsud, qaerdasan? Xolam qanilar? Oshxonadan yugurib chiqib bordim:
— Men shoʻttaman, Oyim...

U gapirgani koʻymay, yelkamga kaftini tashladi va yengil silkidi.
— Katta yigit boʻp qolding, oʻzing tushuntirib qoʻy. Koʻrisholmay qolsak, rozi boʻlsinlar... bergan tuzlariga.
— Unaqa demang, aka, bizni tashlab qayoqqa borasiz? — dedim oʻksinib.

U peshonamdan oʻpdi— Bir tomchi issiq yosh yuzimga tomib, titrab ketdim. Akam boshimni silab erkaladi:
— Ot bosmagan joylarni toy bosgan hamisha. Sen qoʻrqma, pakana pari, uzoqqa borasan hali, — deb meni ergashtirib yura boshladi. Qizgʻish xol-xol tashlab, yangi toʻkilgan shaftoli barglarini bosib, oʻrtadagi yoʻlakka yetdik. U akalarcha quchib: — Yaxshi qol, — dediyu birdan jadallab ketdi.

Men shu tobda uii qoʻyib yubormay tarmashib olgim keldi-yu, negadir jur'at eta olmadim. Va birdan bugun mashvarat kuni ekani yodimga tushib, jon holatda orqasidan yugurdim.
— Aka, mashvarat nima boʻldi, qoldimi yo?..

U suyib jilmaydi va asta engashib, qulogʻimga shivirladi:
— Oʻtkazib tarqalyapmiz. Ammo sen oʻsha vaqt tomga chiqib bir qara Boʻzsuv tepasiga — koʻrasan qiyomatni...
— Shunaqami? — dedim ham quvonib, ham qoʻrqib. U ma’noli bosh silkib, opamning hovlilaridan chiqishga shoshildi.

Qaytib kirganimda, Margʻu kennoyim supa chetida qurigan rayhonzorimizga qarab, jimgina oʻtirar edi. Rangi-roʻyi bir ahvol...

Osmondan Oyogʻini Uzatib Tushganlar

Oyim chaqirishlarini qoʻymaydilar, men esam oyogʻi kuygan tovuqday tomda yuribman. Ovoz ham berolmayman, tushgim ham yoʻq. Bu yoqda aytilgan vaqt kelyapti. Qiyomatni koʻrasan, degan edi akam. Yo bir ajoyib tomosha tayyorlashdimikan?!

Hozircha jimjitlik. Jimjitlikki, portlayman deydi. Quyosh botish arafasida. Nihoyati qizarib tushgan tandirning ogʻziday boʻb turibdi. Ufkdan och tumanmi va yo kech kuzning tez tushadigan shomimi toshib chiqmoqda. Oʻsha yoqdan Boʻzsuv ustiga surmarang bir tuman oʻrlab kelayotganday.

Shu mahal tepa tomonda tartarak tarillab, bir bolakayning:
— Hay-hayuv, xalalay-hashtu-tuguv, — degan ovozi keldi. Saynabi domlaning bogʻidan unga boshqasi joʻr boʻlib, ilib ketdi:
— Quv-quv-uv, ushla-yuv...

Keyin uchinchisi... Birpasda hammayoq tartarak ovozlariga toʻlib, chugʻurchuqlar gala-gala havoga koʻtarila boshladi. Ular tiniq osmonda goh balandlab, yoʻq boʻlib ketadilar, goh pastlab-qorayib koʻrinib, oʻynab-qoladilar. Shu xolos boʻlsa, mayli edi; birdan allaqaydan zang tovushi eshitilib, kimdir Qoʻshilish tomonda jom chala ketdi. Oyogʻi kuygan tovukday, joyimda oʻtirolmay qoldim. Ammo oʻzim boyagi xabarchilarni ichimda qalashtirib soʻkyapman.
— Voy haftafahmlar, voy galvarslar! Nima qilyapsizlar? Oblochi kelsa, kelib oʻlmaydimi?! Odamlarni u yoqqa haydab, axir tutib berasiz-ku. Bularning niyati shuku oʻzi!

Mana, hozir qochgan-quvgan hamma toʻnini yelkasiga tashlab Boʻzsuvga chopadigandek, yoʻllarga tikilaman. Har bitta qora koʻzimga odam boʻlib koʻrinyapti. Qaysi shoʻrpeshona ekan, deb ichimdan achinib ketyapman. Lekin mening qoʻlimdan nima ham kelardi? Butun Kattabogʻni tutib borayotgan tartaragu jomu zang ovozlarini qanday oʻchira olaman? Yoki Boʻzsuvga yugursammikan? Qaytinglar, tuzoq bu, deb jar solsammi? Chopdim!

Ammo katta tomdan otxona tomiga sakrab tushgan joyimda tegirmon tomondan gʻarillab bir nimaning ovozi kela boshladi. Orqamga oʻgirilib, tepada ayroplanni koʻrdim. U yeru koʻkni larzaga solgancha, juda pastlab, qanotlari daraxtlarning uchiga tekkudek boʻlib, uchib kelar, ayroplan emas, vahimaning ini (!) edi. Shovqinidan shaytonlab qolish ham hech gap emas.

Men umrimda bunaqa yer boʻylab uchgan ayroplanni koʻrmagan edim. Oʻtgan bahor moyi tugab qolib, qoʻnadigan joy topolmay, tegirmonning tepasidagi bedapoyaga tushgan (qayoqda tusharkan, tushaman deb tumshugʻi bilan urilib, toʻmparilib ketgan) ayroplanni tamosha qilgani borganlarimiz esimda. (Uni oʻn kun deganda boʻlaklab-boʻlaklab, moshinaga ortib ketishuvdi). Buyam oʻshanga oʻxshab, pastlagandan pastlab, xuddi uchuvchisi qoʻnishga bir epaqali joy topolmay gangib qolgandek, toʻgʻri ustimga bostirib kelar edi. Oʻzimni tomdan tashlarimni ham, shunday yotib olarimni ham bilmay, gangigancha turaverdim. Xayriyat, ayroplan nokzor ustiga kelganda, anhor yoqasidagi azim yongʻoqlarga urilib ketishdan hayiqqandek, bir siltanib havolanib ketdi. (Men uning qanotlaridagi oq yulduzlarni ham, uchuvchisining koʻzoynakli qalpogʻini ham koʻrib qoldim). U toʻgʻri Boʻzsuv tomon uchib borardi. Akam aytgan qiyomat yodimga keldi. Ajabo, bular nima qilishmoqchi? qarorgohning kulini koʻkka sovurmoqchilarmi? Yo bitta-bitta tutib...

Men es-hushimni yigʻib olguncha ayroplan Boʻzsuv ustiga yetib borib, kutilmaganda bir qanotini pastlatgancha katta aylana yasab, qayrila boshladi. Qoʻshni tomlarda ham bolalarning qorasi koʻrinib, ular quvnab-sakrashga tushdilar:
— Ana-ana, burilyapti.
— Ur-re, qaytyapti!
— Daf boʻlsin-e!

Past hovlida Anvar kennoyim:
— Hoy, Solixoʻja, qayoqqa?! Qayt! Qayt deyman senga! — deb qichqiradilar jonsaraklik bilan.

Aftidan, Soli bir narsani sezganu devor oshib, Boʻzsuv tomonga uchib ketgan-ov. Men ham otxona tomidan sakrab, unga yetib olmoqchi edim, orqaga tisarilgan joyimda ayroplandan otilib tushayotgan qora narsalarni koʻrib, toʻxtab qoldim.

Oʻldi-ku, Boʻzsuv!..

Birining orqasidan biri, birining orqasidan biri tushib kelyapti. Va birdan oldinma-ketin koʻk-qizil parashutlar ochilib, birpasda Boʻzsuv usti lolaqizgʻaldoq boʻlib ketdi. Endi ularning iplariga osilib olgan odamlari aniq-taniq koʻrinib turar edi.

Beixtiyor Olim akamni eslab, oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qoldim. Obbo qoʻnqavoy-ey! Shular oʻshaning ishimi-ya? Bizdan ham bitta hukumatti odami chiqsin emish! Chiqibdi, mana!

Ayroplan kelgan tomoniga qaytib uchib ketdiyu Boʻzsuv tomondan tartarakning qisqa tarillashiga oʻxshash ovozlar goh kuchayib, goh susayib kela boshladi. Nima balo, koʻpotarlarini ishga solib yubordilarmi? Uchraganni qirib tashlamasalar goʻrga edi. Ammo akam ham anoyilardan emas, qachon kelib bizni qirib tashla-sharkan, deb kutib oʻtirmagandir? Odamlarini ham olib chiqib ketgandir? Unda osmondan oyoq uzatib tushganlar kimni bosib, kimni oʻrovga olmoqdalar?

«Tartarak»larning sonini ham bilolmay qoldim. Biri toʻxtamay ikkinchisi ulab ketadi. Xuddi Boʻzsuvning u betiyu bu betiga tartarakchi bolalar yigʻilib olganu kim oʻzarga oʻynab, bir joyga toʻplanishib kelishayotganday. Boʻzsuvning oʻzida — tiq etgan tovush aks-sado bervoradigan suv boʻyida qanday qiyomat qoʻpdi ekan?! Oblochidan qochib borgan boyaqishlar nima qildilar ekan? Nogʻoraning daqa-dumidan qayon qocharini bilmay qolgan yoʻlbarsning koʻyiga tushdilarmikan, yo? Borganim boʻlsin! Oʻz koʻzim bilan koʻrganim boʻlsin!

Boʻzsuvga tushiladigan joyga yetib borsam, menga oʻxshab tekin tomoshaga tomdan tashlaydiganlar yigʻilib qopti. Soʻqmoq yoʻlning oʻrtasiga turib olgan Nusratilla pochcha qoʻllarida gavron, qilt etgan bolani siylab turibdilar. Ora-chora poʻpisa qilib ham qoʻyadilar:
— He, qiztaloqlar! Bular tomosha koʻrarmish. Ayab oʻtirarkanmi sen juldurvoqilarni u otabexabar kam-nomuslar! Qayt, oyoqlaringni sindirmasimdan!..

Bolalar orasida Soli koʻrinmasdi. Otni ilgariroq qamchilagan ekan-da! Hozir qaysi bir pana joyda biqinvolib, u qiyomatni yaqindan koʻrib yotgandir. Orqama-orqa chopvormaganimga achiniblar ketdim.

Boʻzsuvning avra-astarini agʻdarib qilinayotgan bu tintuv, bu toʻs-toʻs Xudoga ham xush kelmadi shekilli, juda tez shom tushib kela boshladi. Allaqanday oʻsmarang quyun Achchi qirlari tomondan Boʻzsuv usti bilan shu yoqqa tumanday, bir moʻrmalaxday oʻrlab kelyapti. Quyosh ham qonga belanib, oʻsha tumanlik ortiga choʻkib ketdi. Lekin uning qip-qizil yuzi koʻz oldimdan ketmay turibdi hech. Bu oʻsmarang tuman qarorgohga ham yetib qolganini suv boʻyiga tushib ketgan «tartarakchi»lar hali payqashganicha yoʻq, jarlarning titigʻini chiqarib otib yotibdilar.

Shu payt Boʻzsuvning narigi betidagi tor tuproq yoʻldan ikkita yuk moshina pastga qarab, (yoʻl yomon shekilli) qiltong-qiltong chayqala-chayqala tushib kelaverdi. Oldindagisi usti ochiq, lekin ishkomli edi, keyingisi tamomila berk. Tik jar tepasiga kelib, qayrilib toʻxtadilar. Ichidan hali hech kim tushmayoq, bir toʻp odam oʻsha yoqqa qarab jadal yurdi. Eng qizigʻi, bir kishi necha kishining qoʻllarini orqaga qildirib, oldiga solib olgan edi. Shunaqadan ikki guruhini haydab borib, haligi berk moshinaga qamadilar. Bungacha tuman ular ustidan oshib oʻtib, oʻzlariyam, moshinalariyam koʻrinmay qoldi. Oʻsha yoqdan allaqanday baqir-chaqirlar, ba’zan «tartarak» ovozlari kelib turibdi-yu, lekin biron narsani ilgʻab boʻlmaydi. Faqat eng baland tepalarning ustilarigina suv tagidan chiqib qolganday gʻira-shira koʻzga chalinadi.
— Boringlar endi, boringlar. Tomosha tamom: koʻrgan koʻrdi, koʻrmagan qoldi, — deb Nusratilla pochcha xuddi qoʻy podasini haydagan kabi qoʻllarini baravar silkishga tushdilar. — Tarqalinglar, chirogʻlarim.

Tomosha desa oʻzini tomdan tashlaydigan doʻstlarim uch-toʻrt qadam tisarilib, yana qaytishdi. Xuddi bir narsadan quruq qoladigandek, jilib yuborgilari kelmaydi, pochchaning koʻzlarini shamgʻalat qilishni moʻl-jallab turishibdi. Birdan bola koʻtargan ayollaru katta xotinlar ham chagʻir-chugʻurlashib qolishdi.
— Hay, Muazzamxon, yogʻiz nima boʻldiykin, boring, yonib, bir baloni boshlamang.
— Voy-y, yaxshi esimga soldiz, men chopdim.
— Siz-chi, Hikoyxon, kimga achinasiz? Erchangiz Boʻzsuv pronti ochilmasdan burun ketvorgan boʻlsalar?
— Sultonmurodning tovkasidagilarga-da, egachi, kimga boʻlardi? Satta koʻkragida yoli bor yigitlarni, koʻrdiz, qanaqaqip opketishdi.
— Nimasini aytasiz, opovsi, ordonalar qolsin urushlariyam...

Bir koʻnglim: bu sannoqi xotinlar nimani bilardi, akam yigitlari bilan allaqachon makoniga yetib olgandir, deyman-u, yana tinchiy olmayman. Unda anavi qoʻlini gardaniga qilib, haydab chiqilganlar kimlar?.. Nihoyat, Nusratilla pochchaning dagʻdagʻalari ish berib, oshnalarim noiloj chekka-chekkaga tarqay boshlashdi. Men esam, kallam ishlab qolib, oʻzlarining uylariga, undan bogʻlariga urib ketdim. Devorga minib olib, boyagi joyni yana kuzata boshladim. Voy-boʻ, Boʻzsuvni tanib boʻlmaydi. Yetti qavat tuman uning tepalarini ham koʻmib, ulkan suvday yoyilib yotipti. Boyagi moshinalar tuman ichida olov koʻzli, ikki boshli ajdahoday bilongʻlab oʻrnidan qoʻzgʻalyapti. Kimsa koʻrinmaydi, ammo allakimlarning baqir-chaqirlari yaqqol eshitilib turibdi:
— Hamma joyidami?
— Joyida!
— Hech kim qolmadimi?
— Qolmadi!
— Ketdikmi?
— Ketdik!

Moshina kuchanib gʻarilladi. Olovli koʻzlaridai zaif nur sachrab, yoʻl paypaslab boryapti. Orqasidan boshqasi ergashdi. Shoʻrlik qochoqlar! Oblochining tintuvidan qochib, jahannam oʻtiga roʻbaru kelgan bechoralar! Yomgʻirdan qochib, qorga tutuldilar-a. Ishqilib... Ich-ichimdan bir tahlika bosib kelaveradi:
— Ishqilib, oralarida akam boʻlmasin! Jang qanaqa boʻlishini ularga koʻrsatib qoʻyaylik, deb qarorgohga qaytmagan boʻlsin.

Shu payt, yo tavba, kunbotar qirlari tomondan bir olam chagʻir-chugʻur bilan tumonat zagʻchalar uchib kela boshladi. Osmonning och surmarang tumanligi orasida qiyomatdan darak beruvchi allaqanday kulrang maxluqlarga oʻxshar edi ular. Moʻrimalaxday bostirib kelyapti oʻziyam.

Oyimning bir gaplarini esladim: «Shu qora qargʻalar ham kunda ikki bora Yaratganga tasbeh aytadilar: Yangi kunga yetkazganiga shukronalar bilan erta-saharda dala-dashtga yoʻl olganlarida, soʻngra rizq-roʻz berganiga shukrlar aytib kech-shom yotoqlariga qaytganlarida. Shuning uchun ham Olloh ularga uch yuz yil umr berib qoʻyibdi...»

Shuni eslab, haligina bosib kelgan vahmayu qoʻrquvlarim sal tarqaganday boʻldi. Devordan sakrab tushib, bogʻ etagidagi yolgʻizoyoq yoʻlga qarab yurdim. Oʻsha yerda bir oz kutsam, zora Soli kelib qolsa. Shundan boʻlak qaysi yoʻl bilan kelar edi.

Qayrilishda toʻxtadim. «Qora Gʻani — boshing qapi»ning valangor chaylasidanmi, allaqaerdan qovunqoqi hidi anqimoqda. (Kimdir bir vaqt chaylaning ustiga qoqi yoyganu keyin unutib, zagʻchalar toza itirqinini chiqarganlar, allaqaysi goʻrda qolgani anqimoqda shekilli). Yaxshiyam, kutganim. Bir mahal Halokuning itiday halloslab, pastdan birov chopib kela boshladi. Shom qorongʻuligida yuzini koʻrib boʻlmaydi-yu, lekin qotmaligidan, chitton bolalar kabi yugurishidan Solidan boʻlak hech kimmas.
— Soli, oʻzingmisan? — deb ovoz berdim. U meni hali payqamagan ekan:
— Iya, Maqsud, senmisan? Boʻtta maqib turibsan? — dedi hayratlanib.
— Seni kutib-da, xumpar. Chaqirmasdanam ketvoribsanda oʻzing?

U yetib kela chayla ustuniga yopishib, bir aylandiyu devorga suyanib oldi.
— Xuh, — dedi oʻpkasini bosishga urinib. Keyin yana sakrab turdi-da, shoshirdi: — Ketdik, yetib olaylik, hammasini aytib beraman, hammasini... Hozir soʻrama. Dahshatning oʻzi, — deya oldinga tushib, chopa ketdi.

Ammo uygacha bormadik. Sadir olakoʻzning bogʻi eta-giga yetganda oʻziyam ichi qizib, shundoq ariq boʻyiga, qurib-qovjiragan oʻtlar ustiga oʻtirib ola qoldi.
— Voy, Maqsu-ud, bunaqasini koʻrmagansa-an. Anuv changal tepaning orqasiga yotib olganman, bular qarorgohni halqaday oʻrab, koʻringan qorani, qilt etgan iarsani koʻpotarlaridan oʻqqa tutib, qisib borishyapti. Oʻr ham, jar ham qolmayapti. Yertoʻlalarni-ku titi-pitisini chiqarib, boʻmba tashlab, portlatvorishdi. Bir guruhi u betdan siqib kelyapti, bir guruhi bu betdan. Axiyri, bitta-bitta qoʻl koʻtarib, chiqib kela boshlashdi...
— Kim? — dedim yuragim yorilib ketgudek boʻlib.
— Kim boʻlardi, galvars. Akalaring-da!
— Shoshma! Kim deding? Soli toʻngʻilladi:
— Akang...
— Bekor aytibsan! Sen oʻzini koʻrmagansan, valdirama! Haqiqiy qarorgoh oʻttamas! U yer soxta qarorgoh. Ular oʻshani bosdilar. Bilarkansan-ku juda! Soli boʻshashdi:
— Unisini sen bilasan, ammo asirlardan bittasining yuzini aniq koʻrdim, uyam boʻlsa, akang edi...

U bidirlab, nimalarnidir tushuntira boshladi, lekin qani qulogʻimga kirsa. Har narsa boʻlishiga rozi edim, biroq Solining aytganini aslo kutmagan edim. Ishonmaslikka esa, asosim yoʻq. Nihoyat, boyagi karaxtlik bir oz oʻtib, quloqlarim chingʻillab ochildi goʻyo. Qarasam, Soli hamon soʻzlanib yotibdi:
— ... shir yalangʻochiydi. Bilasanmi, tovonidan peshonasigacha qop-qora. Tirnoqcha joyi boʻyalmay qolgan boʻlsa, oʻlsin agar. Buyam kamday, qoʻli orqasiga bogʻ-loqliq. Askarlar atrofida xaxolab kulishadimi-ey, «bulbuli»ni koʻpotar miltiqlarining uchi bilan oʻynab, mazax qilishadimi-ey. U boʻlsa, moʻndiday miq etmay turibdi.
— Kim «u»?!
— Halidan buyon qulogʻingga tanbur chertyapmanmi? Olim akangni aytyapman-da.

Xuddi Olim akam akam emasday, birdan quvonib ketdim:
— Ey ahmoq! Ilgariroq aytmaysanmi shuni! Adoyi-tamom qilding-ku odamni!.. — dedim. Keyin birdan yodimga tushib qoldi: —— Nega qop-qora, nega moʻndidek boʻlarkan? Olim akam-a?..
— Ha-da, kimdir qip-yalangʻoch yechintirib, balchiq surkab, tolga bogʻlab ketgan ekan. Ustiga bular kelib, chechib olishdi.
— Astagʻfirulloh! Oʻsha holida boshqalarga qoʻshib olib ketishdimi?
— Ha-da. Ularga odam siyohi boʻlsa baskan, odammi, alvastimi, surishtirib oʻtirishmaskan!
— He-hey, boplashibdi-boplashibdi! Yomon tushirishibdi! — deya men yangi esar boʻlgan jinnidek oʻtirgan yerimdan sakrab turib ketdim. «Ajab boʻpti! Oʻzidan koʻrsin! Oʻzidan koʻrsin!»lab yugurib boryapman-u, ichim toʻlib, allaqaydan yigʻi bosib kelyapti: koʻzlarimdan tirqirab oqqudek yosh...

Nima qilganda ham, xolavachcham edi, akam edi, Sultonmurod akamning yolgʻiz jigargoʻshasiydi. Yomon boʻpti, yomon...

Hush Qol Endi, Pakana Pari

Kechagi qirgʻin-qiyomatning xabari bir kechada odamlarning tiliga tushib, bu yogʻi Choʻlponotayu Novza, bu yogʻi Qatortolu Xirmontepa, u yogʻi Yakkabogʻu Qangʻli boʻylab uchib, Chalayu Qonqusgacha yetib boribdi. Uchragan odam: «Ha-a, yomon boʻpti-yu! Kattabogʻlilar oblochining gʻazabiga uchrabdi-yu! Xudoning oʻzi asrasin», dermish va sekin atrofga alanglab, shivirlab soʻrarmish.

«Oʻzi nimadan chiqibdiykin, koʻrgan bormi?»

«Xayriplondan toʻp tashlashganmish! Kulini koʻkka sovurishdi, desangiz-chi Kattabogʻni?!»

«Osmondan sallot tushganmishmi-ya?»

«Ha-da».

«Boʻzsuvga oʻt qoʻyib, koʻringanni tutib ketishganmish?»

«Kattabogʻda bittayam erkak zoti qolmaganmish».

«Anuv Sultonmurod qaroqchini tutib, ustidan qoramoy quyvorganmish-da...»

«...yoqib yuborganmish...»

Hammayokda ana shunaqa gaplar. Qoʻyib bersangiz, «Uyma-uy yurib otibdi!» debam yuboraverishadi.

Ertalabdan yoʻl toʻxtatib, ikki-uchtasi oyimdan koʻngil ham soʻrabdi:
— Salomkennoyi, sizga qiyin boʻpti-ku, endi oʻzizga mahkam boʻlavuring. Hali tekshir-tekshirlari bor, soʻrab-surishtirishlari bor. Shoʻtta turganakan, asrab olganakansiz, deb. Bilib boʻladimi bularni. Sir bermang. Ancha boʻlgan chiqib ketganiga, deb turavering. Nima qilgan boʻlsa, oʻzi javob bersin. Qarindoshim deb jadiga qolib oʻtirmang tagʻin...

Xuddi oyim gap bilmaydigandek.

Soʻng harsillab-lorsillab Nusrat pochcha yetib keldilar. Ketlaridan sal oqsoqlanib, Usmon togʻam kirdilar. Ma’yus tortib Oyposhsha xolam, «Hu, xudo olsin, oʻsha sallotlarini!» deb qargʻanib Habira xolam, farishtadekkina boʻlib Hidoy xolam, moʻmingina boʻlib, oq tushgan koʻzlari yoshlanib Mubor xolam, darozgina Joʻra xolamlar kirib kelishdi. Hammalariga girgitton boʻlib, aylanib-oʻrgilib Qumri kennoyim kutib olyaptilar. Anvar kennoyim jagʻlari tinmasa ham, pildirab xizmat qilib yuribdilar. Sipogina Sapura kennoyim choy uzatib turibdilar. Dakana roʻmolni tan-gʻib, sochlarini chambarak qilib olgan Poshsha opam qozon tepasida mehmonlarga yarim choʻmich-yarim choʻmichdan shirchoy suzyaptilar. Men kosalarni patnisga qoʻyib, tashib turibman. Axiyri, meni koʻrsa hazil qoplari ochilib ketadigan Norxoʻja pochcha bilan boshlashib, muloyimgina Orif pochcha kirib kelishib, katta uy qarindoshlar bilan toʻldi-qoʻydi.

Nusrat pochcha kelganlaridayoq oyim qoʻlimga bitta peshonabogʻ tutqazib, nonga yugurtirmoqchi boʻlib turgan edilar, xolalarim — kim qoʻltigʻida ikkita zogʻora, kim toʻrtta kulcha, kim doka roʻmolga oʻrab uch boʻlak churak koʻtarib kelib, girdobga qoʻydilaru dasturxon toʻldi-qoʻydi. Pochcha meni bir qadam ham jildirmadilar.
— Oʻtir-oʻtir, hammasiyam bir non, biz Salomxonning choyini ichganimas, koʻngil soʻragani kelganmiz, mana — nasiba, shirchoy borakan, ikki toʻgʻramdan toʻgʻ-rasak; kechga qadar toʻq tutadi bu shirchoy deganlari. Oʻtir. Qolaversa, diydor gʻanimat, gaplashadigan gaplar bor, — dedilar.

Shirchoydan keyin samovar choyning piyolasi ikki aylanmay Anvar kennoyim bir nima degan edilar, Habira xolamdan eshitadiganlarini eshitib oldilar:
— Vajillamay oʻtiring siz, Anvarxon. Betta sizdan oʻnta koʻylakni koʻproq yirtganlar oʻtiribdi. Siz kelinsiz. Kelinlik izzatizda turing.
— Xoʻp, kichikoyi, xoʻp, — deb zoʻrgʻa qutuldilar.
— Oʻzi shuni aytganiga yurib boʻlsayam boshini ikkita, oyogʻini toʻrtta qilib qoʻyish keragiydi. Sangʻi-masdiyam, atrofiga yigit yigʻib, hali oʻtta-hali boʻtta qoʻr toʻkib yurmasdiyam hukumatti gʻashiga tegib. Endi nima boʻldi? Otasi tushgan «Toshturma»ni bularam koʻ-radimi? Shungacha qoʻyib berdinglar-a, Nusratxoʻja? — dedilar Hidoy xolam ham achinib, ham gina bilan.

Shunaqa. Xolalarim opa-singil boʻlsalar-da, fe’l-hoʻylari har xil. Birlari tez-shartaki, boshqalari vazmin-muloyim. Ammo ichlarini kemirib yotgan narsani hech birlari darrov ayta qolmaydilar. Ayniqsa, oyim birovning oldida oʻlaqolsa sir bermaydilar. Hozir ham nuqul gapni boshqa yoqqa burib yotibdilar:
— Hoy, opa, olishib-olishib oʻtiringlar, nonga qaranglar. Endi bizniki boʻldi-ku, olmaysizlarmi?
— Olavuz-olavuz, olmay nima qilavuz, — dedilar Hidoy xolam, oyimning koʻngillari uchun dasturxonga qoʻl choʻzib. — Lekin sen ham, Salomxon, orqaga tashlayvermay, bor gapni aytaqol; bola boyaqishdan darak bormi?
— Chiqibam qolar, — dedilar oyim dasturxon popugini oʻynab, oʻzlariga taskin beryaptilarmi, xolalarimgami ekanini bilib boʻlmas, allaqanday toʻliqib oʻtirar edilar. Keyin birdan yorilib: — Hammasi Qoʻldoshxoʻjaning yoʻqligi, opa! U boʻlsa, shu kunlarga qolarmidik, qoldirarmidi bizni?! — dedilar ovozlari oʻzgarib.

Hammalari jimib qolishdi. Ayniqsa, pochchalar oʻngʻaysizlanib, kim yerga qaradi, kim qizarindi. Oyim buni sezib siporishladilar:
— Mayli, yomon boʻlsayam, oʻzimizning tomir, bizdan boʻlak yoniga kim kirardi, deb jonlaringiz achib kepsizlar, shungayam rahmat. Ishqilib, Xudoyimning oʻzi oʻnglagan boʻlsin ishini. Duodan boʻlak nima kelardi qoʻlimizdan...
— Toʻgʻri-ku-ya, ammo qoʻl qovushtirib oʻtirishdan foyda yoʻq. Bekorga juvonmarg boʻlib ketsa, jabri kimgayu malomati kimga? — dedilar Usmon togʻam kuylagandek yumshoq ovozda.

Pochcha oʻrinlaridan qoʻzgʻalib qoʻyib:
— Sultonmurodmi? — dedilar. — Tegirmonga tushsa, butun chiqadi, Xudo xohlasa.
— Shunday-ku, faromush qolibam boʻlmaydi, — dedilar yana Usmon togʻam. — Ertaga elak-elak qilgani kelmaydi, deb kim ayta oladi.
— Ana oʻshanda sir bermasak, marra bizniki. keyin, Xudo xohlasa, bolaga jabr qildirib qoʻymasmiz,— dedilar pochcha.

Men ichim qizib, dahlizdagi kovshandozning chetida oʻtiribman. Goʻyo maktabga ketadigandek, kitob-daftarimni joylayapman. Akamdan bexavotir boʻlaveringlar, devorgim kelyapti-yu, yana, bu kattalar bir narsani bilsa kerak-da, deb tilimni tishlayapman.
— Yaxshisi, bildim dedim — tutuldim, bilmadim dedim — qutuldim. Biz bexabarmiz, Nusratxoʻjadan soʻrayveringlar, deb turaversak-chi? — dedilar Norxoʻja pochcha. Oʻzlari daroz, bu ham yetmagandek, choʻkkalab olganlar.

Pochcha iymanibgina kuldilar:
— Mayli, mayli. Busizam topgan-tutganimni shilib olishadi. Ketganning ketidan ketibdi-da, qizigʻar, qoʻlni kiriday narsa...
— Doʻkondan boʻshab olsangiz-chi?.. — dedilar Usmon togʻam.
— Nima boʻlsa, peshonadan koʻrdik. Shu bola uchun opchiqib otmaslar, axir. Qolaversa, umid Ollohdan. Oʻzi panohiga olsin avvalo.
— Hukumatdan oldin pishang koʻtarib chiqadiganlardan asrasin birlamchi. Xudoyim oʻshalarga oʻzi insof bersin, — dedilar Hidoy xolam.
— Ha, bu yoqda Sultonmuroddan javr koʻrganlar turibdi. Parpi deganday, Akmal oʻris deganday... — Usmon togʻam ogʻriq tizzalarini uqalab-silab qoʻydilar.
— Parpi oʻzi kim ekan? Hukumatti qaysi togʻini qayirib bergan ekanki, endi oʻshaning soʻzi soʻz boʻp qolgan boʻlsa?! — dedilar oyim kutilmaganda lovullab.

Nusrat pochcha pishillab, tin oldilar:
— Unikini tinglamagandayam, Akmal oʻrisnikini inobatga oladilar bir karra. Koʻrasiz: u hali qaytibam keladi, yonib ketgan uyining da’vosini qilib, koʻ-oʻp urintiradiyam bizni.
— Sultonmurod yoqibdimi uning uyini?! Yoqsa, haydamay ham yoqar edi u, — dedilar oyim.
— Qayoqdanam shu chulchutga tegina qoldi? — dedilar Oyposhsha xolam eslari ketib.

Xolalarim ichida Habira xolam xunukkina, pakanagina, ammo jahllari burunlarining uchida turadi, bobillab berdilar:
— Hammasi anuv kashmirini deb boʻldi! Shuni qizi boshini aylantirmasa, yuruvdi ti-inch. Akmal oʻris olsa, olib oʻlsin edi! Mana, baribir Haybatilla ilib ketarkan!

Men ich-ichimdan hayratlanib oʻtiribman. Tavba, shu oʻsha xolamlarmi, a? Oyimlar bilan qachon borsak, ustimizda girgitton boʻlib qoladigan, kuraklarimni silab, kichkina eshondan oʻrgilay, deb oldimga ming xil narsalarni — turshagu bodomlarni, parvardayu yalpiz qandlarni toʻkib tashlaydigan? Oyimlardan bekitiqcha choʻntaklarimga halim noklar solib qoʻyardilar. Xunukkina, qoragina, mushtdekkina xolam oyimlardek aziz koʻrinib ketar edilar shunda. Ana shu hech narsadan xabari yoʻq xolam hozir Margʻu kennoyimni kashmiridan olib, kashmiriga solar edilar.
— Xudo olsin, oʻsha Akmal oʻrisniyam, boshqasiniyam, — dedilar oyim qoʻl sermab, — Nimadan qoʻrqdik?! Hukumatni yoqlamayotgan joyimiz borakanmi? Boshqalar sichqonning inini ming tangaga olib qochganda, biznikilar oʻsha Olmonni nafasini oʻchirgani ketib boʻldi-ku. Islomxoʻjayam ketdi, Kenjaxoʻjayam ketdi. Akromxoʻja gʻing demay joʻnadi. Hatto Qoʻldoshxoʻjani oldilar urushga. Ana, kennoyimni ikki birday devday-devday oʻgʻillari qaerda yuribdi? Nigʻmatxoʻjani-ku oʻsha Maskovdagi oʻqishidan olib borib, urushga soldilar. Shundayam gʻing degan joyimiz bormi? Agar shuniyam bilmasa, hukumati koʻr boʻladi.

Sezmay qolibmiz, Mubor xolam etaklarini koʻzlariga bosib, birdan piq-piq yigʻlab yubordilar. Hamma koʻzini olib qochdi. Oyim oʻsha shahd, oʻsha gʻazab bilan davom etdilar:
— Shu oblochisining dastidan, ana, Isroil bedarak ketdi. Bahriddnnginamiz goʻshangalarga kuyov boʻlolmadi. Birov bir narsa da’vo qilib chiqqani bormi? Endi Sultonmurod uning qotilini topib, aybini boʻyniga qoʻyib, jazosini bersa, kim yomon — biz yomon boʻlib qoldikmi?
— Shu Sultonmurodning boriyam bir davlatimiz, — dedilar Joʻra xolam, oyimni quvvatlab, — chulchutdan oshnang boʻlsa-boʻlsin-u, yoningda oyboltang yursin, derdilar dadam rahmatli.
— Ha, buyam Ulugʻxoʻja buvasiga tortdi. U kishiga oʻxshab yurakli. Ishqilib, umri oʻxshamasin, peshonasi oʻxshamasin, — deb turib, oyim Nusrat pochchaga qaradilar: — Xudo xayringizni bersin, pochcha, Asadxoʻjalarning rohatini koʻrib yuring, endi hamma umid oʻzingizdan.

Xolalarim chor-atrofdan iltimosga tushishdi:
— Abdurahim eshon pochchaning ruhi poklari haqqi, yana bir gal homiylik qiling. Yoʻq demang.

Pochcha qansharlarini siladilar:
— Hay, bilmadim-da, bilmadim! Bu ish nima bilan tugaydi? Men Rahmatilla bilan maslahatlashib boqay-chi. Ayting-ayting, qoʻlga tushmagan boʻlsin.
— Umringizdan baraka toping. Qancha balolarning ogʻzidan qaytarib olgansiz oʻzingiz. — Shunday derkanlar, oyimning koʻzlari menga tushdi. Gap poylab oʻtirganimni sezibmi, oʻrinlaridan tura boshladilar. Men ham obroʻyim borida jildimni olib, sekin survordim.

Bunaqa kayfiyatda oxirgi darsgacha sabr qilib oʻtirib boʻlmasdi. Soli bilan kelishdik-da, ikkinchi darsdan chiqiboq mezananing tagi bilan qarorgoh sari yoʻl oldik. Kitob-daftarlarni yoʻlakay Solilarning oshxonasi tomiga itqitib, oʻzimiz oʻqariq bilan toʻgʻri Boʻzsuvga qarab tushib ketdik. Kecha qanday qiyomat qoʻpgan ekan, koʻzimiz bilan koʻrmoqchi edik.

Ana, Parpi bebaxtni tuyaqopga solib, osib qoʻyishgan jar, tepasidagi yolgʻiz daraxt qurib ustixoni qopti, xolos. Biz hov birdagi yassi tepada turibmiz. Pastda Boʻzsuv, qilt etmaydi. Mungga toʻlib qolganday. Kecha xuddi shu tepaning yonbagʻrida tomosha koʻrsatishgan. Yonidagi yertoʻlalarni qarorgoh fahmlab, bittalab «elak»dan oʻtkazishgan. Qaybirining ichiga portlatuvchi narsalar tashlab, qaybirini «tartarak»lardan oʻqqa tutib, rosa vohma koʻtarishgan.
— Uni qara, voy-boʻ-oʻ, oʻqni hecham ayashmabdi-ku,— dedim hamma yoqda yaltirab yotgan jezlarni koʻrib.

Chindan ham, tepaning ustlariyu yonbagʻirlarini gʻalvir qilib tashlashibdi. Yertoʻlalar bosib, vayron boʻlib yotibdi. Ba’zi joylarda bir nimalar portlaganmi, tuprogʻi oʻyilib, hovuzlar hosil boʻlgan. Ichida chaqirtikanakning ildizi oʻlgan ilonday oqarib koʻrinib, etni junjiktiradi.

Ba’zi yertoʻlalardan egalari hozirgina chiqib ketganday: idish-tovogʻu qora chiroqlari joy-joyida turibdi. Poʻstak-koʻrpachalar oʻrtasiga yozilgan kirchimol dasturxondagi hoʻqachaga qoʻl tegmay ham qolaveribdi. Yertoʻladan achigan moshxoʻrda hidi gurkirayaptiki, u yogʻi yoʻq.
— Qorning qalay? — deb Soli ishshaygancha tugunni yecha boshladi.
— Anavilar bir narsa tashlab ketgan boʻlsa, oʻlmagin. Egasiga buyurmagan, senu menga ovqatlik qilarmidi?

Soli ham qoʻrqib, qayta qoldi. Lekin chiqa turib, tokchadan bir narsani qoqmalab, kishi bilmas lippasiga qistirdi. Men esam, soʻqmoqdan pastga tusha turib, ikki qulochcha ipak arqon topib oldim. Chamasi kimningdir qoʻlini bogʻlagani qirqishgan-u, ortigʻini unutishgan.
— Jur, narigi betga oʻtamiz, oʻsha yoqda baliqsavatlari bor, — dedi Soli va pastga zingʻillab, tol tagiga yetganda qayriddi: — Chopmaysanmi?

Mening ham quvligim tutdi, lippamni ushlab, soylikka burildim:
— Sen boravur, men hozir, — deb Kattaboqqa survordim. Topolmay, bir oʻtakasi yorilsin deb emas, yoʻq. Bilaman, unga jin ham urmaydi. Oʻzimning ichim qizib, haqiqiy qarorgohga nima boʻlganini bilgim kelib turibdi. Soylik bilan chopdim oʻsha yoqqa.

Chiqib borsam, tok qirqib, qoʻndoqlayotganlar tepa ishkomlarni ochib qoʻyib, Usmon togʻamning bogʻlari etagida (erga namat yoyib) tushlik qilishyapti. Men bogʻning etagidagi oʻrikzordan, tagi bilan bitta boʻlib yotgan sap-sariq barglarni (shunaqa yangi, shunaqa chiroyliki, bosgani iymanasan) oʻynab-toʻzitib, shiyponga qarab yurdim. Ariq yoqalab, ikki bogʻ oʻrtasidagi yoʻldan boryapman-u, yoʻl koʻtarila boshlagan joydagi qator bukri tutlardan koʻzimni uzolmayman.

Har koʻklam kallaklab ketiladigan bechora tutlar hozir ham kavsh qaytarib yotgan tuyalardek, qanqaygan boshlarini gʻoz tutib, misoli javdirar edilar. Undanam ajoyibi — Oʻsha tutlar shu yilgi surx navdalaridan tamomi barglarini toʻkib yuborganlaru bir gʻalati tojdor tuyalarga oʻxshab qolganlar. Anuv gal koʻkish nurga ergashib, kelganimda xuddi oʻsha yerda «Assalomingni ayt»ga uchragan edim, shekilli? Keyin qancha pastga tushgan ekanman? Oʻtsam, ikkinchi ishkomning tagigacha oʻtgandirman-da?

Oʻsha yerga yetganda burildim. Ammo... na yolgʻizoyoq soʻqmoq va na yertoʻlaga tushish joyi bor edi. Goʻyo oʻsha kecha jinlar meni aylantirib, boshqa yerga olib borishganu aqli-hushimni olib, koʻzimga akam bilan doʻstini koʻrsatishgandek... Unda anavi bedana bosma-chi? Gurkirab turgan hidi-chi? Assalomimni soʻragan shop-moʻylovu ostonaga tanda qoʻyib oʻtirgan xos qorovul-chi? Ular ham jinmi edi?..

Umuman, oʻshanda «Bismilloh» deganmidim?

Eslay olmadim.

Qiziq, shuncha aylanib, qarorgohdan nishon topolmasam! Osmonga uchganmi, yerga kirganmi, bilolmasdim. Balki, ular qachondir qaytib kelishlarini oʻylab, izlarini yoʻqotib, hech kim topa olmaydigan qilib ketishgandir ?..

Odamlar tushlikdan turib, kim tok qirqishga, kim qoʻndoqlashga tushdilar. Oʻqishni tashlab, ishga chiqib ketgan oʻzim tengi qizlar tokroʻda bogʻlamlarini shiy-pon tagiga opchiqib bosisharkan, pichir-pichir bilan men tomonga qiyo-qiyo qarab qoʻyishar, soʻng yana yumushlariga tutinishar edi.

Shu payt shiypon tomondan hov bir galgidek tanish xonish asta tarala boshladi:

Malaksan, yo bashar, yo xuru gʻilmonsan, bilib boʻlmas.

Bu lutfu nazokat birla sendan ayrulib boʻlmas...

Tanidim. Bu oʻsha — bogʻ qorovuli Haydar aka edi, uning ovozi edi. U oʻshandagidan ham oʻtkazib xonish etar, ammo na oʻzi, na tinglovchilari koʻrinar edi. Beixtiyor koʻzim yoshlanib keldi: ayrulib boʻlmas... ayrulib boʻlmas. Barchasi bekor! Allaqachon ayurib tashlab boʻldilar-ku. Unisini u yoqqa, bunisini bu yoqqa... Ulardan nima qoldi oʻzi? Nima qolmoqda oʻzi? Koʻz yoshlari, xolosmi?.. Jondan aziz kennoyim uzatilib ketmasdan, jilla qursa, bir qur koʻrib qolsam koshki edi...

Oʻzim sezmagan holda Bogʻkoʻcha tomon burildim va esim ogʻib oʻsha tomonga keta boshladim.

Koʻz oldimda kennoyimning oʻsha bizning supada qizil paranjisini quchoqlab, parishon oʻtirgan holati. Qulogʻim ostida esa, bir qoʻl silkishda sachvonini otib-itqitib, aytgan gaplari yangraydi: «Sultonmurod aka! Unday demang. Meni tiriklayin oʻldirib, bu dunyoning doʻzaxiga tashlab ketmang...»

Ammo akam... hamon bedarak! Qayoqqa bosh olib ketdi ekan?

II- qism