OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMurod Mansur
Asar nomiJudolik diyori (1-kitob 3-qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Murod Mansur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Шарқ» Нашриёт-Матбаа Акциядорлик Компанияси - Бош Таҳририяти, Тошкент, 2007
Hajm126KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/15
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Жамоатчи муҳаррир: Нуруллоҳ Муҳаммад Рауфхон
Мусаввир: Хуршид Зиёхонов



iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Judolik diyori (1-kitob 3-qism)
Murod Mansur

Uchinchi boʻlim (davomi)

Toj Koʻringan Kecha

Azonga yaqin tush koʻribman. Tushimda hov bir galgidek jajji pichoqchamni yoʻqotib qoʻyganmishman-da, piq-piq yigʻlayverib shishib ketganmishman. Tepamda choʻkkalab oʻtirgan birov esa, ovutmoqchi boʻlib, nuqul boshimni silaydi:

«Qoʻy, toychoq, katta yigit boʻp qolding. Men senga rostakamidan olib kelaman endi: bandi sadafli, yuziga oy-u yulduzlar tushirilganidan; qiniga gullar solib tikilganidan. Boʻldi qilaqol, pakana pari», dermish. Oʻzi togʻamlarga oʻxsharmish-u, ovozi... Sultonmurod akamniki emish.

Voy, Sultonmurod akam kepti, akajonim qaytipti, deb sevinib turib uygʻonib ketdim. Tong otibdi. Chugʻur-chugʻuri olamni tutib, tomimiz ustidan zagʻchalar galasi oʻtib boryapti ekan. Bosh tomonimda oyim qiblaga qarab oʻtiribdilar. Namozlari tutab, duo qilib oʻtiribdilar. Uzoq duo qildilar. Har galgidek, koʻzlarida yosh boʻlsa kerak. Nelarni soʻrayotirlar ekan?..

Zagʻchalar ham oʻtib bitdilar.

Oyim qoʻllarini yuzlariga tortib, oʻrinlaridan turdilar. Endi joynamozni qoziqqa ilib, eshikni ochgan joylarida Izza tomondan ayol kishining oʻkdek ovozi uyga yorib kirdi:
— Voydo-od, musulmonlar bormi-se-ez! Ot oʻgʻrilarining dastidan dod!

Men tura hovliga otildim. Ortimdan oyim chaqirib qoldilar:
— Hoy bola, bola deyman! Qayt, yuzni yuvmasdan qayoqqa borasan?

Noiloj qaytib, apil-tapil yuvina boshladim. Oyim endi nasihat ohangida koyiy boshladilar:
— Odam degan turadi, yuz-qoʻlini yuvadi, poklanib, soʻng birovga koʻrinadi-da. Chopaveradimi? Hamma kasofat nimadan chiqadi? Shu yuviqsizlikdan chiqadi! Birovning molini oʻmarsayam, chopasan, otini oʻgʻirlasayam, chopasan. Yaxshimas, katta yigit boʻp qolding...

Oyim meni janjalga yaqin yoʻlatmaganlari bilan chambaraklardagi sutni suzib boʻlgunlaricha, oʻsha janjalning oʻzi eshigimizdan kirib keldi. Pak-pakanagina bukri xotin ostonamizdan oʻtar-oʻtmas, oyimlarni koʻriboq uvvos solib, yigʻlab yubordi:
— Voy, Salomxo-on, uyim kuyde-e, ichxonamga oʻt tushte-e! Salimbek akayizga nima deyma-an, nima javob qilama-an?

Oyim yigʻloqi ayollarni yoqtirmas edilar, jerkib tashladilar:
— Yoqangizni yirtguncha, nima boʻlganini ayting! Qanaqa yigʻloqi xotinsiz!

Xotin oʻpkasini bosishga urinib, yuz-koʻzlariga unniqib ketgan koʻk roʻmolini bosdi. Men uni bir-ikki koʻrganman-u, kimligini bilolmay turibman. U kuyib ketganidan azbaroyi qorayib ketipti. Shu koʻyi hiqillab, ancha oʻtirib qoldi va zoʻrgʻa oʻziga kelib:
— Anuv ordona Barzanni-da, Salomxon, qayoqdanam opkelgan ekanlar?.. Oʻzlari bor boʻlsalaram, mayli edi.
— Yana nima boʻpti Barzanlariga?
— Oʻgʻirlab ketishibde, Salomxon, oʻgʻirlab...
— Baloginaga yoʻliqsin, yana boshlashibdimi?!
— Jon Salomxon, rahmiyiz kelsin, men yarimtaga, Sultonmurodga oʻziyiz ayting, yordam berse-en.

Oyim roʻmollarini toʻgʻirlay turib, sergaklandilar.
— Sultonmurod?.. Sultonmurod qoptimi?.. U shu yerda boʻlsa, Kattabogʻga birov oralay olarmidi?

Bukri xotin alam bilan bosh chayqadi:
— Bilmasam, Salomxon, bilmasam! U shu atrofda, deyishyapti-ku. Hukumatgayam chap berganmish-ku.

Men ichimdan oftob chiqqanday, shoshib qoldim. Xunukkina, bukrigina xotin... koʻzimga biram issiq koʻrinib, yaqin bordim.
— Qaerdamish, xolajon?
— Men bilmasam, bolaginam. Birov Yakkabogʻning Izzasini aytadi, birov tegirmonning orqasini... shu yerdamish.

Oyim yalt etib menga qaradilar.
— Rostan-a?
— Balkim, — dedim men ham ishonib. Uni qarang, oyim ham ishondilar shu gapga.
— Shu atrofda boʻlsa, ana, Maqsudxoʻjam topib aytadi. Siz xotirjam boʻlavering, yerning tagidan boʻlsayam topdirib beradi. Javrlantirib qoʻymaydi sizni. Ayting-ayting, chap bergan boʻlsin...

Oyimning shu soʻzlari boʻldiyu Xudo berdi menga. Boʻsh qoldim deguncha yo Yakkabogʻning Izzasiga, yo tegirmonboshiga chopaman. Kechalari Soli ikkimiz Yakkabogʻ bilan tegirmon oʻrtasida izgʻiganimiz-izgʻigan, akamning yigitlariga duch kelarmikanmiz, deb... Qani birov toʻsib, qayt, otilasan yo oʻronni ayt, deya qolsa.

Uchinchi kecha Tegirmonkoʻchadan chiqavurishda, dala oʻrtasidagi Qoravultepada miq etmay, yoʻl qarab oʻtirib edik. Yaqindagina shom tushgan, endi osmonu yer birday qora duxobaga oʻralib, uzoq-uzoqlardan yolgʻizdan-yolgʻiz, ojizdan-ojiz chiroqlar miltirab qoʻyardi. Yaxshilab tikilmasa, ilgʻasham qiyin. Tepamizdagi yulduzlar ham shunday: yo tun qorongʻuligi shunchalar qalin, yo yulduzlarning oʻzi qochib, uzoqlashib ketgan. Faqat yangi tuqqan oy shunaqa tiniq, shunaqa jilvalanib turibdiki, qoʻsha-qoʻsha boʻlib ketyapti qaraganim sari. Tiq etgan tovushga quloq berib oʻtiribmiz.

Bir mahal Izzaning u betidan (arava yoʻldanmikan?) gʻijirlagan bir qur tovushlar juda yaqindaga oʻxshab... kelaboshladiyu vujudimiz quloq boʻlib, qotib qoldik.

Chindanam oʻsha yoqdan yolgʻiz arava tushib kelar, gʻijirlab-qatirlashidan Qoʻqon aravaga oʻxshar edi.
— Uchdik, — dedi Soli hovliqib.
— Shoshma, oʻshalarmi, boshqalarmi?.. — dedim men ikkilanib.
— Oʻshalardan boʻlak kim boʻlardi shu bemahalda, ketdik-ketdik, — deb qistadi u.

Shu mahal oʻsha yoqdan ayol kishining qoʻngʻirokday kulgisi yangrab, turgan yerimizda turib qola qoldik.
— Iy, gʻalati-ku, — dedi Soli ham.
— Jin... chaqiryapti shekilli bizni... — dedim astoydil choʻchib.

Lekin dam oʻtmay haligi kulgiga... bir gʻalati yor-yor ovozlari ulanib ketdi:

    Boʻzlama, jonim, boʻzlama,
    Uyat boʻlar, yor-yor-ey,
    Qargʻama mani, qargʻama,
    Niyat boʻlar, yor-yor-ey.

— Iy, kelin uzatib kelayotirlarmi? — dedim yuragim xunuk orziqib.
— Shunaqa shekilli, — dedi Soli ham.

    Kim aytganin topibdi-yo,
    Kim deganin olibdi-yo,
    Esizgina qizgina,
    Oʻzini oʻtlarga otibdi-yo.

— He, esim qursin, — deb oʻzi qolib, meni turtdi Soli. — Axir, Haybat akam uylanyapti-ku Bogʻkoʻchadan...

Ular hamon kuylar edilar:

    Boʻzlama, jonim, boʻzlama,
    Uyat boʻlar, yor-yor-ey.
    Qargʻama mani, qargʻama
    Niyat boʻlar, yor-yor-ey.

Boshim aylanib ketdi. Nazarimda boshimga qoʻshilib, yonimizdagi Qorovultepa, uning qoʻsh teragi, hamma narsa chir aylanar edi.
— Bugun toʻy ekanmi? — dedim yuragim muzlab. Ovozim oʻzimga ham begona tuyulib ketdi.

Oh Margʻu kennoyi, Margʻu kennoyi, akamni qistaganiz, qistab soʻzini olganiz nimasi ediyu bu qilgan ishiz nimasi? Nimaga men buning guvohi boʻlib turibman? Nimaga yer yorilmayapti? Nimaga mening koʻzim koʻr, qulogʻim kar boʻlmayapti?

Biz oʻsha yoqqa chopib boryapmizmi yo hamon oʻsha joyda turibmizmi, — anglab yetolmasdim. Shu vaqt Soli yelkamga turtkilab, bilagimdan tortqilab, holi-jonimga qoʻymay qoʻlimni silkilar edi:
— Maqsud, uni qara! Uni qara, Maqsud!

Ajabo, Izzaning bu tomonida ham bir Qoʻqon arava turibdi. Qorongʻida elas-elas koʻzga tashlanadi. tevaragida bir odam uymalashib yuribdi. Tepadan tushib kelayotgan begona otni sezib, Izzaning berigi betidagisi pishqirib-pishqirib qoʻyadi.

Shu mahal yuqorida ot kishnab yubordiyu yor-yor ohanglari bilan quralashib ketib, gʻalati joʻrlik paydo qildi.

Aravakash ot jilovini keskin tortdi.
— Dr-r, jonivor!..
— Qoʻrqmanglar-ov qudalar, bizlarmiz, biz kutib olyapmiz! Koʻprik buzuq ekan, — degan ovoz yangradi berigi qirgʻokdan. Keyin yaqinidagi kimgadir murojaat etib, dedi: — Tolip, tayyormisan? Bittalab oʻtkazib qoʻyasanda endi yangalaringni.
— Xoʻp, aka, jonim bilan, — deb javob qildi soy boʻyidagi qora.
— Hasanboy, senmisan? — dedi «kelin tushdi»ning aravakashi.
— Menman, mushkullaringni oson qila qolaylik, deb keldik-da, oshna.
— Unday boʻlsa, maylin-maylin, — deb narigi aravakash oʻzini pastga oldi va ayollarni shoshirdi: — Tusha qolinglar, yangajonlar, qudaaravayam taxt turgan ekan.

Ayollar vijir-vijir bilan: «Voy, oʻlaqolay, baland-ku, qanday tushdik»lab qolishdi. Kim paranjisini olib, kim olmay-la sakradi. Kim kimningdir qoʻltigʻidan olib, qiyqirishib kulishdi.

Soʻng «Kelinposhsha, kela qoling»lab, uniyam koʻtarib tushirib qoʻyishdi-da, tugunu sarupolarga andarmon boʻlib, bittalab uzata boshlashdi.

Izza suvi tegirmon tagida shovullab, qoʻshigʻini aytib yotibdi. Buzuq koʻprik tomondan kelayotgan har bitta ovoz jaranglab taraladi soylikka. Tugunlardan keyin yangalar oʻta boshlashdi. Bittasi: «Voy oʻlmasam, muncha qorongʻu, muncha vahmali» desa, boshqasi: «Hoy, meni ushlanglar!» deb ayyuhannos soladi. Soʻngra birdan:
— Kelin qani, kelin qani?! — degan ovoz yangradi.

Birpasda vahima qoʻpdi:
— Hoy, kelinposhsha, qanisiz? Qattasiz, Margʻubaxon?
— Iqbolxon, qiziz qaerda qoldi, qayoqqa ketdi?
— Suv-puvga tushib ketmadimi, qaranglar, hoy, yaxshilar? — deb yalindi kimdir aravakashlarga.
— Hoy, Margʻubaxon, qanisan, qayoqdasan, qizim? — deb zir qaqshardi onasi.

Erkaklar soʻkinib, yugur-yugurga tushdilar. Kimdir tegirmon tepasiga chopdi.
— Hoy, Tolip, koʻzing qayoqda edi? Chop tepaga?! — deb baqirdi bu yoqdagi aravakash.

Narigi yoqdagisi esa... xotinlarni soʻka ketdi:
— Oʻtakang yorilgurlar, endi kimmi uzatib borasanlar? Oʻzlaringnimi? Toplaring!

Xotinlar ham vagʻir-vugʻur bilan bir-birlarini ayblab ketishdi.
— Qudalarga nima deb javob qilamiz endi?..

Biz ham oʻsha tomonga chopdik. Shu asnoda Tegirmon tepasidagi tolqatorning boshida bir ot kishnadi. Rosti, judayam chiroyli kishnab, shovullab yotgan soylikni jangillatib yubordi va kutilmaganda Izza yoqalab, yuqoriga chopib keta boshladi. U tuyoqlari bir chiroyli dupurlab, (ovozi — goh oʻsha yoqdan, goh orqa tomonimizdan kelib) uzoqlashib borarkan, uchqur otligi shundayla bilinib turar edi. Bir mahal haligi ot... yoʻq-yoʻq, tamomila boshqa ot (Qangʻli yoʻlidan tushib kelayotir ekanmi) kishnab yubordiyu qiz opqochgan tuyqus Shiyponkoʻchaga burildi va tuyogʻi zarang yoʻlda jangil-lab, tarakday ketdi. Orqasidan bunisi ham chopdi.

Voh, orqadagisi kim boʻldi? Sherigimi yo raqibi? Va birdan akamning: «oʻsha soʻzim soʻz» deganini eslab, yuragim hapriqib ketdi.

Qoyil! Shuncha odamning burni tagidan ilib ketdimi?! Mana buni yigit desa boʻladi! Ikkinchi yoqdan yuragimning bir chekkasi gʻashlanib ham turibdi. Orqasidan kim chopdiykan? Opqochgan kim edi? Yo... boshqamikan?

Bu yoqda erkaklar haliyam baqir-chaqir bilan otni aravadan chiqarib ololmas, bir-birlarini shoshirgandan-shoshirar edilar. U yoqda esa, kelin opqochgan va orqasidan ergashgan otlar tobora uzoqlashib, butun atrof bezovta itlarning akillashi bilan almashinib boryapti.

Soli angrayib qolgan ekan, sekin turtdim:
— Ketdik, tomosha tamom.
— Yoʻgʻ-e...
— Tamom, tutib olishsa, oʻldirishadi, — dedim mei, Soyning ichi bilan qorama-qora, xuddi jin quvlagandek yugurib ketdik. Soyma-soy, tepama-tepa oshib boryapmizu uzoqdan surnay ovozi goh balandlab, goh pastlab keladi. Tepaga chiqqanimizda yaqqolroq eshitilib, pastga tushganimizda yoʻqolib qoladi. Nima boʻlsa ekan? Yo toʻyxonadan kelayotirmi? Katta tolning tagidan oʻtganda kallam ishlab qoldi. Soliga aytmay ham Novvostepaning ustiga (oʻziyam bedapoyaning pastida kavsh qaytarib yotgan ulkan novvosga oʻxshaydi), oʻshaning ustiga yugurgilab chiqib ketdim. Changallarga talanib-tilinib chiqib borsam, kelinni goʻshangaga chorlovchi ovoz naq Yakkabogʻdan kelyapti. Oʻsha shomu xufton qorongʻiligiga choʻmib, bogʻ hovlilari bir tekis: qorayib ulgurgan tomondan faqat bir joy (toʻyxonada mash'alalarni yoqib yuborishgan shekilli), oʻsha qorongʻulik usti yorishib-shu'lalanib turibdi.

Surnay nimaga «kelin keldi, yor-yor»ni choʻzib chalyapti — tushunolmayman. Kuta-kuta toqati toq boʻlayozgan Musavoy surnaychi kelinaravani jadallata qolsinlar, deb chalyaptimi yo rostdanam kelinni yetkazib...

Bu yoqda hali baqir-chaqir tinmagan, birov tegirmonkoʻchada zor qaqshab, chaqirib yuribdi:
— Hoy Margʻiba-yu-uv? Tentakkinam-uv! Qaydasan-uv! — Hali u tepa ustidan, hali tegirmon boshidan ovoz beradi, boʻzlaydi: — Voy mani indamasim, voy mani birsoʻzligim! Nimalar qilib qoʻyding-uv?! Sanginani shu umidlarminan boqqanmi edim-uv? Peshonaginam qursin, voy mani sharmandalar qilding-uv!..

Bu oʻsha «kashmiri» Iqbol otin — Margʻu kennoyimning onasi edi. Endi aqli kiribdimi, tentakkinam deb qolibdimi?!.

Demak, kelin hali topilmagan, izillab izlashyapti.

Tavba, Margʻu kennoyimni Haybat akamning shunday burni tagidan ilib ketgan kim oʻzi? Akammikan yo kennoyimning oʻzi bu ishga jur'at etdimi? Balki Akmal oʻrisdir, men seni birovga tegdirib qoʻymayman, degan? Uning odamlaridir? Birdan boshqa voqeani, hov oʻsha Choʻmilishda Haybat akamning oʻzi kennoyimning yoʻlini toʻsib chiqib aytganlari, oʻtini koʻtarib olib, unamasang oʻzingniyam mana shunday opqochib ketaman, deb ichgan qasamlari esimga tushib ketdi. Yo tavba! Taqdirni qarang, uning oʻrniga birov otga oʻngarib opqochib ketib tursa. Bu nima? Xudoga ham xush kelmagan ekanmi oʻsha ontlari?..

Izzaning narigi betida meni yoʻqotib qoʻygan soli otimni atab hadeb chaqirar edi:
— Hoy, Maqsud, qanisan? Qaerda qolding?..
— Ho-zir!

Men unga ovoz berib, kunbotarga oʻgirildimu Kattabogʻ ustida — siyrak yulduzli osmonning bir chekkasida sap-sariq oltinday yonib-tovlanib turgan... x,aybatli tojni koʻrib, dong qoldim! Oʻtgan kuni undan pastda tilla shoxday boʻlib koʻringan, kecha tilla qayiqchaga oʻxshab turgan yangi oy... bugun tojday yonib-toʻlqinlanib koʻzni olardi. Yo qudratingdan! Xuddi tojdor bir hukmdor boʻy rostlab, qarab turgani kabi! Lekin oʻzidan burun toji koʻzni qamashtirib yuborayotganday. Osmongacha oʻrlab chiqqan xufton qorongʻuligidan haybatiniyu bastini ilgʻab-ilgʻamayotgandekman. Nega shunday tuyuldi, oʻzim tushunmadim.

Nazarimda bu kecha sodir boʻlayotgan barcha voqealar yolgʻiz shu hukmdorning amri-ixtiyori bilan kechayotgan kabi edi...

Men oʻz xayolimdan oʻzim qoʻrqib ketib, yugurgilab pastga qochib qoldim.

Ammo tojning, tojdorning turishi rosa haybatli, rosa maftunkor edi bilsangiz...

Koʻk Boʻri

Biz Mirhomid amakining bogʻidagi (Bogʻ qayoqda! Bir yoq pastak devorini demasa, boshqa tomoni ochib, dalaga qoʻshvorilgan, faqat hovuziyu oʻsha dala ichida, uch-toʻrt tupgina noklari qopti!) noklarning tepasida azbaroyi qizarib, xol tashlab, asal tortib ketgan kadi noklarini qoqmalab, maktabdan qaytarkanmiz, olmazordan oʻtganda polizga mol qoʻyvorilganini koʻrib, oʻsha yoqqa burildik.
— Izgʻib yurdikmi, xirmonga oʻta qolaylik, xirmonni qara, — deb qistadi Soli.

Rostdan ham tepaning ustiga qurilgan chayla yonida arava turar, uch-toʻrt odam kuymalanishib, tarvuz ortar edi.
— Oʻzing boravur, — dedim men istamay. Yuzni sidirib tashlab, tarvuz soʻrarmishman! Soʻramay qoʻydim! — Xazonchenak qilib topganga yetarkanmi?!
— Shu mollar, shu bolalardan ja qolsa kerak! Men surdim, — dedi u, — keyin afsuslanib yurma.
— Boravur. boravur, bizga nasib qilgani ham bordir, — deb pushta oralab ketdim.

Palaklar allaqachon qovjirab, oʻlib boʻpti-ku, nuqul oyoqqa chayir ipdek ilashadi. Nima balo, xazonchechakdan ham kech qolibmizmi, har yer-har yerda mol gʻajib, tuproqqa qorishtirib tashlagan poʻchoqlari koʻrinadi. Ammo gʻumay oʻsib, ituzum bosgan joylarda oʻt orasida qolgan bolachalarini topib olsam bormi, oh, bir maza qilar edim. Mushtdeklari ham shunaqa qizil, shunaqa shirin chiqadiki, ana uni tizzaga urib yorsang-da, keyin yesang, mazasi bir umr ogʻzingda qoladi.

Men alanglab yurib, bir ituzum bosgan joyga borib qoldim. Shigʻil donlab gʻarq pishib yotgan ituzumni pechak oʻrab ketibdi. Men bolaligimda qishga olib qoʻyilgan ituzumning suvidan har shamollaganimda ichaverib, koʻrsam ijirgʻanadigan, tomogʻimda bir taxir aralash shirin narsa turganday boʻpqolganman. shushu ituzum koʻrsam, koʻnglim ozadi. Qoʻlimniyam urmayman.

Men uni oyogʻimning uchi bilan yorib oʻtib borayot-sam, ostida sariq oltinday boʻlib, bosvoldining bolachasi yotipti! Ustiga engashmasakanman-a! Olmasakanman-a!

Olsam deng, shu gurkiraydi, gurkiraydi, hidi olamni tutgudek. Asal tortib ketipti, jonivor. Asalning oʻzi bunchalik gurkiramas. Oyimlarga ilinib, jildimga solib qoʻydim.

Solib qoʻydim-u, hidi qoʻllarimdan ham kelib turipti.

Oftob charaqlab yotipti. Tip-tiniq osmonda kurkinaklar quvlashmachoq oʻynaydilar. Mollar dalalarga yoyilib, yayrab ketgan. Jiyda shoxiga ilinib qolgan mezonlar yengil yeldan oʻtinch soʻraydi. Uzib yuboraqolsayu yana uchib ketaqolsalar keng dalalar qoʻyniga!..

So.liga qarasam, xirmonda qorasiyam koʻrinmaydi. Jiydani taglab Izzaga tushib bora boshladim. Yetib olar oʻzi.

Lekin Jimittepaning ustidan koʻprikka qarab borayotib, soylikda bir odamga (nega bir odam boʻlsin, Haybat akam-ku!) koʻzim tushdi. Tizzasida miltiq, yoʻl yoqasidagi chimda xuddi birovni izlab-izlab topolmagan-u, topsa sogʻ qoʻymaydigan odamdek bir alpozda oʻtiribdi.

Tiniq tortib, sharqirab yotgan suvdan koʻzini uzsa, qani, atrofiga qarab qoʻysa qani! Vajohatiyam... buzuq.

Kennoyim tegirmon tepasida yoʻqolib, toʻyi toʻyda, nikohi nikohda qolib ketganini... Oʻzini oʻshandan beri endi koʻrayotganimni eslab, qoʻrqib ketdim. Kimni yanib, yoʻlini poylab chiqibdi ekan? Koʻrsa, naq otadi-ku!

Orqamga sekin burilib, qochib yuborishga shaylangan joyimda... shipillavolib Soli kelib qoldi. quchogʻiga sigʻmaydigan tarvuzni koʻtarib opti. Tashlab yuboray deyapti-yu, yerga qoʻya olmaydi. U yetib kela meni turtib oʻtib keta boshladi:
— Jildik-jildik, Jamilbek amaki kelyapti!
— Oʻzing jilaver, men bu yoq bilan, — dedim.

U ovsar hali pastdagi poyloqchini koʻrgani yoʻq. Koʻrsa nima qilarkan, deb toʻxtadim.
— Mening oʻrnimgayam xivich yeb yurma, deyman-da,— deb ishshaydi u yoʻlidan qolmay va birdan miltiqli odamni koʻrib, sapchib tushdi. Shu sapchib tushganida tarvuzni tashlab yubordimi yo tashlab yuborib, choʻchib ketdimi — bilmayman.

Ishqilib, yumronqoziqday bir pusinganiniyu keyin changalzor ichiga urib ketganini bilaman. Oʻzimga kelganimda, u Jartepaning ustida qochib borar edi.

Tarvuz soʻqmoqqa tushib ikki palla boʻlganicha, biri oʻsha yerda chimga yonboshlab qoldi, boshqasi dumalab borib, arava yoʻlga yetganda, shunday qizarib pishgan narsa tuproqqa toʻnkariddi. Eh, uvol boʻldi!

Men chopib borib koʻtarib olgim bor-u, Haybat akadan hayiqib turibman.

U boʻlsa, tepaning ustida qochib borayotgan Soliga qarab anqayib qopti. Bir tuproqqa qorishib yotgan tarvuz pallasiga, bir men tomonda yotganiga qaraydi-yu, biron narsa anglayotganga oʻxshamaydi. Shunaqa xayol opqochib ketgan ekan oʻzini. Mirzarahim ham solini tanigan boʻlardi, bu tanimay turibdi. Esi shunaqa ogʻib qoptimi, tavba. Men unga achinib, borarimni ham, ketarimni ham bilmay turarkanman, birdan meni tanib, oʻqraydi. Tizzasidagi miltiqni olib, oʻrnidan turmoqchi boʻldi-yu, yana fikridan qaytib, imladi:
— Hov, xatchi! Ma’qib qaqqayib turibsan? Koʻtarvolmaysanmi tuprokdan!

Menikimas deyishning oʻrni yoʻq. Uning ustiga, oʻzidan qoʻrqib turibman. Hammasidan ham tanib turib «xatchi» deb chaqirishi qiziq edi. Demak, mendayam ginasi bor, Margʻu kennoyimning xatlarini Sultonmurod akamga tashib yurganlarimni biladi. Noiloj yoʻlgacha tushib, toʻnkarilib yotgan tarvuz pallasini yerdan oldim. Yuzi bir qavat loy boʻp qopti. Ichidan seli qip-qizil qonday tepchib turibdi. Lekin koʻz oʻngimdan bir vaqt guvohi boʻlganim — shu Haybat akam oʻzining Barzanida, xuddi shu yerda, kennoyimning yoʻlini toʻsib turganlari ketmaydi. «Unamasang, bari-bir qoʻymayman, mana shunday otga oʻngaramanu opqo-chib ketaman», deganlari quloqlarim ostida jaranglab turibdi. Yo tavba. Xudo xohlasa, desa-ku, shu gaplar yoʻqmidi. Oʻzi mana bunday kimdan alamini olishni bilmay oʻtirmasidi...
— Hov, merov! Opkemaysanmi? Turishingni qarayu loyga qorib!

U turib, yonidan pichoq chiqardi. Men tizzam qaltirab, oldiga ketyapman-u, ichimda tutvolmaydimikan, oʻldimi, deb boryapman. Kelib-kelib, alamini mendan oladimi! Olsa, kim uchun oladi, kennoyim uchunmi?!

Yoʻq, u qoʻlimdan tarvuzni ola, ustini bir qavat qirqib tashladi-da:
— Qara, shunday narsani uvol qilib tashlab ketyapsanlar! He, sendaqa tarvuz oʻgʻrilaridan oʻrgildim,— dedi.

Miq etmadim. Etsam, tilimdan tutishi, soʻkib qolishi yo tarsaki tortib yuborishi mumkin. Fe’lini bilmagan kaltakni yeydi.
— Oʻtir! — dedi u jerkib. — Endi oʻzing yeysan. Qorning yorilib ketsayam, yeb bitirib ketasan. Ungacha javob yoʻq.

Menikimas deyishga qani tilim aylansa. Oʻziyam sezib turibdi menikimasligini. Lekin ogʻiz ochib gap qaytarishimni kutyapti. Qaytardim deguncha eshitadiganimni eshitib olaman. Men ham choʻka turib:
— Unisiniyam... opkelaymi? — dedim qoʻrqa-pisa. U boyagi joyiga oyoq uzatayotib (xayriyat, insofga kelib), buyurdi:
— Opke!

Men chopib borib, uni ham oldim. Unisiga hatto chiviq yopishmabdi. Bir xil qizlarning duv qizargan yuziday gard yuqmay turibdi.
— Mana, sizga buyurgan ekan, — deb yuboribman.
— Shunaqami? — U aftimga oʻqrayib bir qaradi-yu, men sidqidil ekanimni koʻrib, yumshadi.
— Oʻtir! Egasi ming poylasin, oʻgʻri ming koʻzlasin, nasib qilgan yeydi, — deb tarvuzni kosa qilib qirqa boshladi. Avval menikini kosa qilib qoʻydi, keyin oʻzinikini. Pichoqning uchida bir boʻlagini ogʻziga soldiyu «Im» deya qalqib ketdi. Soʻngra:
— Voh, — deya ogʻzidagini yutdi. — Hoji eshonning yeriga tarvuz ek, deganlaricha borakan.

Men jildimdagi bosvoldining bolachasini olib, bir hidlatgim keldi-yu, ammo uni hidlab aynib qolishidan qoʻrqdim. Bilib boʻladimi, bosvoldining boʻylari yigit kishiga nimalarni eslatmaydi. Agar kennoyimni eslab qolsa bormi, oʻldim deyaver.

Biz chimga oʻtirvolib, indamay tarvuz yeyar, har kim oʻz pallasi bilan ovora, oʻz xayollari bilan band edik. Tepamizda kurkinaklarning bozoriga ham, bu yoqda Izzaning sharqiroq ovoziga ham parvo qilmaymiz.

Lekin Haybat akam uch-toʻrt boʻlak yeb (yana alami esiga tushib ketdi shekilli), tarvuz ham tomogʻidan oʻtmay, qoʻlining shirasini qiyigʻi chetiga artgancha, jim oʻtirib qoldi. Soʻngra meni endi koʻrayotgandek tikilib, boshdan-oyogʻimgacha bir gʻalati qarab chiqa bosh-ladi. Xuddi koʻziga qon toʻlgan odamdek labining cheti uchib-uchib qoʻyadi. Men uni bu ahvolda vajillab qargʻanayotgan bir oʻtoqchi ayolning ustiga tik bostirib borib, «Oʻchir-chi, oʻchir, boʻlmasa chopib tashlayman hozir!» deb azot ketmon koʻtargan paytida bir koʻrganman. Yuzi qorataloqdek qora-qizil boʻlib ketgan edi oʻshanda.

Hozir ham basharasi oʻshanga yaqinlashib qopti. Qanaqqib survorsam ekan? Koʻzini shamgʻalat qilishni shu oʻylayapman-u, hech bir epaqali yoʻl topolmayman. Unga sari ichim tushib, dukurlab boryapti. Men tarvuznimas, tarvuz meni yeyapti goʻyo. Qaerdanam unga roʻpara boʻldim? Koʻziga qaramasam deyman. Qilt etsa, tura qochvorishim tayin.
— Shoshma, yeysanda shu tarvuzingni! Oʻtir, mana bunday! — deya kutilmaganda u jerkib, yelkamdan bir tortib, chimga oʻtqazib qoʻydi. — Choʻnqayib opsan! Choʻnqayibam ovqat yeydimi!

Oʻldim endi. Oʻz oyogʻim bilan kelib, qoʻliga tushib oʻtiribman-a!

Badanimga titroq kirib, qaerdanam roʻpara boʻldim, Soliga oʻxshab qochvormaymanmi, deb turibman ichimda. Men nimayu boʻrining oldiga bogʻlab qoʻyilgan qoʻzichoq nima? Bilib boʻladimi bu jinni xoʻjani!

Qulogʻimning tagiga tortvorsa, qaerga borib tusharkanman!
— Qoʻrqma, men sendan soʻraydigan narsalar bor. Faqat, rostini aytasan, — dedi bir palla. Aftidan oʻzi boyagidan sal yumshagandek edi.

Men jon-jon deb bosh silkidim. Shundayam koʻziga qarashga holim yoʻq, botinolmayapman. U oyogʻini uzatib, tizzasini siladi. Izzaning qaeridan oʻtib kepti, qizil etigining yuzi, qoʻnjlari balchiq boʻb ketgan, endi qurib boʻzarib borar, lekin baribir xunuk edi. U esa, loyni parvosiga ham keltirmay, hadeb usti qurib qovjiragan chimni yuladi.

Nihoyat, pishillab xoʻrsindi-da, meni hayiqmasin debmi, miltigʻini yanayam nari surib qoʻydi va kutilmaganda yelkamga qoʻlini tashlab:
— Menga qara, — dedi oʻtinganday, — rostingni ayt, akangni... qachon koʻrgansan oxiri?
— Oxiri? — Men uning nimaga buni soʻrayotganini anglab turgan boʻlsam ham, beixtiyor yuziga qaradim: nima balo, uni izlab, undan koʻrib yuribdi ekanmi?!
— Xayrlashgani kirgandir, axir?
— Kirdi, — dedim oʻsha kungi kennoyim bilan tasodifiy uchrashuvini eslab. Lekin uni bunga aytib boʻlarmidi!
— Qachon? Qaysi kuni edi oʻsha? — dedi u yana beixtiyor yelkamga turtib.

Betiga qarasam, yana qora-qizillashib boryapti. Koʻzlari oʻt boʻlib yonadi. Rostini bilmaguncha tinchimaydigan. Aytdim.
— Oʻsha Boʻzsuvda toʻs-toʻs boʻlishidan sal oldin.
— Sallot tashlagan kunmi?
— Ha-da.

U oʻylanib qoldi. Oʻzicha allanarsalarni chamalab, hisoblab koʻrdi. Yuzidan qora-qizillik yoʻqolib, boʻshashdi.
— Nima deb edi? Bormiding oʻzing? — dedi ishon-qiramay.
— Boʻlganda-chi! Oyim yoʻq edilar uyda.
— Xoʻp, nima dedi?
— Bergan tuzlariga rozi boʻlsinlar, xayr, dedi.
— Yoʻgʻ-e, joʻnab ketayotgan ekanmi?
— Shoshib turgan ekan, kutolmadi, — dedim men. Lekin beda ortilgan aravani aytmay qoʻyaqoldim.

Haybat akam nina uchi boʻlib yotgan murtiyu soqollarini hardamxayol ishqadi. (Toʻydan beri soqol olish xayoliga ham kelmay, choʻziq yuzini tutib bora boshlabdi. Balki koʻngliga sigʻmagandir hech.)
— Oʻsha boʻyi... qorasini koʻrsatmadimi? Men bosh chayqadim:
— Yoʻq. Barzan yoʻqolganida ham... qidirib topolmadik. Opoqi siqtab kelgan edilar.
— Qaysi? Salimbek amakining kampirlarimi? — dedi u.
— Ha, yordam qilsin deb oyimning oldilariga kelibdi.
— Qiziq, — dedi Haybat akam oʻzicha buti orasidagi chimlarni yulib-yulib, — qayoqqa bosh olib ketdi ekan? — Va ilkis oʻgirilib, menga qaradi: — Yo Nusrat pochcha shaharga qochirib yubordilarmi?
— Men bilmayman, — dedim.

Izza bekor undan gumonsiraysan, degandek oʻzining sharqiroq tilida bir nimalarni soʻzlanib yotardi. Tarvuz pallasi ustida bahaybat bir qovogʻari gʻoʻngʻillab aylanib, shiraga qoʻnmoqchi boʻladi-yu, bizdan hayiqib jur'at etmas, lekin boshqa yoqlarga ketib ham yubormas edi. Gʻoʻngʻillashi gʻashiga tegib, Haybat akam qoʻlining orqasi bilan bir urgan edi, ari demaganlar uch quloch nariga borib tushib, tuproqqa qorishdi va jon holatda oʻzini oʻnglab, uchib ketdi. Tavba, ari zoti urgan-quvgan saring yopishib kelib, talashga tushar edi, bunisi boshimiz ustida bir aylanib ham qoʻymadi.
— Unda qayoqqa ketgan boʻladi? — dedi yana ishonqiramay.
— Kim bilsin, — dedim men. Lekin oʻsha kelin uzatib borilayotgan kecha tegirmon oldida koʻrganlarimizni, tegirmon tepasida ot bir kishnab, keyin birov Choʻlponota tomonga ot choptirib ketganini aytib boʻladimi bunga. Aytganda ham, tushuntira olarmidim. U mening xayolimda kechgan narsalarni sezib turgandek, qosh uchirdi:
— Anuv gaplar-chi, hammasi puchmi? — dedi yuzimga tikilib.
— Qaysi gaplar? — dedim biron narsani nojoyiz aytib qoʻyishdan haliyam hayiqib.
— Koʻtarma tomonda jon saqlab qopti, qochib yurganmish deganlari-chi?
— Eshitmadim men. — Shunaqa deb qutulmasam, ijikilab holi-jonimga qoʻymaydigan. Nima boʻlganda ham, alamzada odam, hazilmi, toʻy kuni kelindan ayrilib qolish, odamlar oʻrtasida bosh koʻtarib yurish?..

Lekin bir narsaga hayronmanki, akam «oʻsha gapim gap» deganida nikoh kuni opqochishni nazarda tutganmidi. Koʻngli bor ekan, nikohgacha qayoqda yurgan edi? Shuncha ishlardan keyin endi ular qaytib kela olishadimi? Odamlarga qanday koʻrinishadi? Balki hammasi bekordir. Akmal oʻrisning ishi, tuzogʻidir bular. Unday dogʻuli odam bormi?

Haybat akam negadir turib borib, Izzada yuzini pishib-pishib chaya boshladi. Kun issigʻiga qolib ketgan odamday toʻxtab-toʻxtab, xuddi shu suvdan orom olayotganday, oʻziga kelayotganday, chayib qonmas edi. Nihoyat, belbogʻiga artinib qaytarkan, menga zimdan zingil tashlab qoʻydi. Sezdim, haliyam ishonmayapti. Bir nimani aytmayapti bu jinqarcha, deganday qarab-qarab qoʻyadi-yu, sir bermayapti hozircha.
— Oʻzingiz ma’qib miltiq koʻtarib yuribsiz? — dedim zora gumonlari tarqab ketsa, degan umidda.

U oʻlganining kunidan kuldi:
— Oʻsha boʻrining yoʻlini poylab-da.
— Boʻri? — Men uning gapi hazilmi-chinligini bilmay, hayratlandim.
— Bir koʻk boʻri chiqqan. Necha kundan beri yoʻlini poylayman, qorasini koʻrsatmaydi. Koʻrsam, peshonasidan darcha ochardim-qutulardim, — dedi u Izza boʻyidan koʻtarila turib. Lekin aftimga qaramadi.
— Koʻk boʻri? Shu Izzadami?
— Yoʻq, — dedi u bosh chayqab. — Avval Boʻzsuvning boʻyida paydo boʻlgan. Keyin izgʻishga tushgan.
— Biz eshitmadik-ku hech.

U mening gapim nasha qilib, kalta kuldi.
— Tushunmading. Men ikki oyoqli boʻrilarni aytayotibman.
— Yoʻgʻ-e?
— «Ioʻgʻ-e»ing nimasi! Ayniqsa, bir koʻk tusligi bor. Xudoning boshli-koʻzli balosi. Otadigan boʻlsa-mam, avval oʻshanisini yoʻqotaman, — dedi u yonimga kelib tikka turgancha.

Men tizzam qaltirab, betiga qarashga ham jur'at etmay oʻtirgancha oʻgiribman. Turishga mador qani. Koʻk tusligi nima ekan? Odammi? Shu eslamoqchi boʻlaman, qani yodimga kelsa.

Va birdan oʻzi habashdek qora, lekin ustidan koʻk movut kitel-shimini hech qoʻymaydigan anuv odam koʻz oldimga keldi(!)
— Akmal oʻrisnimi?

Haybat akam menga hayratlanib bir nazar tashlab koʻydi. Balosan-ku, demoqchi boʻldimi... va soʻzida davom etdi:
— Qoʻlimga tushmadi ammo-lekin!.. Tushsa sogʻ qoʻymasdim, uyining kulini koʻkka sovurganlari holva boʻlib qolardi.
— Qaytib kelmaydigan qilib koʻchirib yuborishdi, shekilli?
— E, u suvyuqmas qayoqqa ketardi shunday joyni tashlab? Akangdan hayiqqanidan qorasini koʻrsatmay turibdi-da. Hali koʻrasan, qaytibam keladi, tuvaklilarning boshida tegirmon toshini yurgizadiyam. Akang Bahriddinning oʻchiniyam biratoʻla olishi kerak edi u dayusdan. Nimaga chalgʻidi — tushunmayman.

Men oʻtiraverishga oʻngʻaysizlanib, sekin turdim.
— Orada Parpi borakan-ku, axir, — dedim kattalardek mulohaza yuritayotganimdan oʻzim ham hayrat-lanib.
— Ha, bu dogʻuli Parpiga toʻnkab qutuldi. Uning oldida buni peshonasidan otsa arzirdi. U qilmagan ishni endi men qilaman, mendan koʻrsin! — dedi u kutilmaganda qoʻshotarini koʻtarib olib.
— Siz... siz... — dedim-u, u yogʻini aytolmadim. Margʻu kennoyimni u opqochgan deb oʻylaysizmi, deyishga jur'at qani menda. Ammo u nima demoqchi boʻlga-nimni tushundi, koʻzlarimdanmi, soʻzlarimdanmi tushunib, bosh silkidi.
— Akmaldan boʻlak it ham qilmaydi. Unga birovlarning nikohini buzish, uyini musodara etish, oʻzini koʻchirma qilish boʻlsa boʻlgani! Qaysi eldan, elatdan ekaniniyam unutvorgan. Men oʻshalarning qutqusiga uchib, Barzanning yoʻqolganini akangdan koʻrib yuribman.
— Qanday? Avvalgi yoʻqolganidami?
— Qayoqda! — dedi u eslagisi ham kelmay. — Oʻzlari yashirib qoʻyib, Sultonmurodga toʻnkashmoqchi ekan. Shunaqqib qutulmoqchi boʻlishibdi. Ikki oʻrtada oramizni buzib qoʻyay deyishdi. — U miltiqni yelkasiga solib, ketishga taraddudlandi.

Men esam, mavridi kelganida soʻrab qolishga shoshib, atrofida girdikapalak boʻlib, ergashdim.
— Oʻshanda... Oʻshanda akam bordimi? Uchradimi sizga?
— He, — deb nasha qilib kuldi u, — akang ham qiziq. Ikkita melisa yuboribdi. «Tezda Toshturmaga chaqirilsin, haqiqiy ot oʻgʻrisi bilan yuzlashtirila-di», debdi. Oldilariga solib opketishyapti, opketishyapti. Bir mahal raisning idorasiga olib borishdi «Nima deysiz, Barzan tovgʻartelni bostirmasida degan xabar oldik, bu ukamizni qoʻyib yuboraylikmi yo organni chalgʻitayotgan aybdorlarni oʻzingiz topib berasizmi?» deb turishibdi.
— Barzan rostdan ham oʻshatta ekanmi?
— Boʻlmasa-chi! Oʻsha kuniyoq opkelib berishdi.
— Uni qarang-a!
— Sen, melisalar kim ekan, degin!
— Kim ekan? Tanishlari ekanmi? — dedim hayron qolib.
— Qayoqda! Oʻzining yigitlari ekan. Melisaning kiyimini kiyib olishibdi xolos.
— Qoyil-e! — deb yubordim.
— Ha-da. Keyin surishtirib biddim-ku men. Faqat... — Jimittepa ustilab, changal oralab ketgan soʻqmoq bilan yura boshladik. — Faqat, bitta narsada adashdim men. Oldiga boravursam boʻlarkan. Bunaqa voqealar boʻlib ketarkan, ochiqcha gaplashib olmaga-nimga armon qilaman. Uloqchiligim nima! Chavandozligim nima! Ermak uchun, shuhrat uchun yurganakanman ularga. Bundan akangga qoʻshilib ketganim ming marta yaxshi edi...

U yonib, alam-achchiqqa botib gapiryapti-yu, men xijolatlarga tushib ketyapman. Akam bilan kennoyim oʻrtasidagi gaplarni bilmasam ham mayli edi. Ularning uyimizdagi oxirgi uchrashuvlarini koʻrmagan, akamning va’dasini eshitmagan boʻlsam, tegirmon tepasidagi voqealarni bilmasam ham mayli edi! Haybat akamga bir taskin bera olarmidim, yupata olar-midim. Endi-chi, endi qanday, siz adashyapsiz, deya olaman? Margʻu kennoyimning oʻzi sizni istamovdi, deb aytaolmayman-ku! Umuman, bu aytib boʻladigan gapmi?
— Xoʻp, — dedi u nihoyat Jiydaqator tagidagi yoʻlga chiqib, — akangning daragi chiqsa, meni ayt, koʻrishmoqchi de. Anuvni esa, topsam, oʻzim bilaman.

U shunday dedi-da, onti qattiq odamlarday yuzi uchib-uchib, boshqa biron soʻz demay joʻnab yubordi. Yelkasidagi qoʻshotarining nili sovuq yiltirab, har qadam otganda qadami birla koʻtarilib tushar, undagi oʻqlar faqat koʻk boʻriga atalganmi, yolgʻiz oʻzi bilar edi.

Bir Palakning Bolalari

— Oyi-oyi, qarang, xazonchenaqdan nima topdim!..— deya suyunchiladim.

Oyim bosvoldi bolachasini ajablanib qoʻllariga oldilar.
— Yo qudratingdan, mushtdek boʻlib pishibdimi? — dedilar, Soʻngra hidlab koʻrib, gʻalati ma’yus tortib qoldilar.
— Bilasizmi, men uni qaerdan topdim? Hoji eshonning yeridan topdim!

Hoji eshonning yerlari bizning yerlarimiz bilan yonma-yon edi. Oyim bir gʻalati boʻlib ketdilar.
— Koʻrib turibman, bolam, koʻrib turibman, — dedilar ovozlari oʻzgarib. — Boʻlak qaerda ham bitsin bu xil bosvoldilar? Bizning yerdayu Hoji eshonning yerida bitardi.

Oyim duvarak bosvoldini bir chetga qoʻyib, yenglarini kishi bilmas mijjalariga bosdilar.
— O, bolam-a! Qanday yerlarimiz bor edi: nima eksang, oltin bitadigan... Hammasidan judo etdilar, mosuvo etdilar.

Ovozlari bu tarz qaltirab chiqqanini hech koʻrgan emasdim, koʻnglim buzilib ketdi. Nimadan bunchalik toʻlib oʻtirgan ekanlar? Men anqov, nega sezmabman?..
— Qaysi fe’limizdan boʻldi, ishqilib boʻldi, — dedilar axiyri oʻksilarini ichlariga yutib. — Mana endi kamiga toʻs-toʻs etib, toʻzitib yotibdilar. Niyatlari nima, urugʻimizni quritib, palagimizni yoʻqotishmi?..

Hamma noliganda ham miq etib sir bermaydigan oyimning bu xil yorilishlari gʻalati edi. Choʻchib yuzlariga qaradim.

Men xavotirga tushib qolganimni koʻrib, oyim oʻzlarini bosdilar.
— Xudoyimning Oʻzi mehribon. Oʻziga solib qoʻyganmiz, koʻrsatar oʻshalargayam, — deb yuzlariga fotiha tortib tura boshladilar. Dasturxonni yigʻishtirib, kovshandozga tushdilar.

Soʻngra nimadir eslariga tushib, ostonada toʻxtadilar.
— Qorning qanaqa, bolam?

Poʻchtachining noki, yoʻldagi yongʻoqlarning toʻqi hali ketmagan edi.
— Yaxshi, oyi, nima edi? — dedim.
— Choy-poy ichvolsang, borib keladigan joylaring bor edi. Choynakni olib chiqaqol, — deb zinaga tushaverdilar.
— Kelib icharman, aytavuring, — deb men yigʻishtirina boshladim.

Bungacha oyim dasturxonni supa yonboshidagi katta tol tagiga qoqib, qaytdilar.
— Koʻchib kelibam, shuncha voqealar kechibam bir xudoyi-ehson qilolmabmiz. Rahmatli oyim bilan Zumrad xolang tushlarimga kirib yurishibdi. Bu yoqda Sultonmurod akang bir ketgancha, bedarak. Shundan ular ham bezovta shekilli. Toʻrtta odam chaqirib oʻtkazsak, oʻtkazib yuboraqolaylik.
— Borib kelaveraman, — dedim otlanib. — Avval Nusrat pochchamlarnikiga oʻtaymi?
— Yoʻq, pochchamlarga maslahat qilganman. U kishi masjiddan Zokir qorini opkeladigan boʻlganlar, — dedilar oyim dasturxonni qoziqqa ilib. — Sen faqat yaqinlarni, pochchaning ulfatlarini aytib kelasan. Bir yigʻilishsin.
— Oʻzlari aytdilarmi? — dedim men hayratlanib.
— Yoʻq, men oʻzim...
— Zoʻr oʻylabsiz, oyi, — dedim quvonchim ichimga sigʻmay. (Shunaqa odamlar kelishadiyu sevinmaymi! Men ularning bir yigʻinlarini koʻrganman. Choy tashib turib, suhbatlariga mixlanib qolganman. Oʻsha-oʻsha soyalariga salom beraman har bittalarining). — Hammalarini aytib kelaveraymi? — dedim halitdan yuragim hapriqib.

Oyim hayron qoldilar menga.
— Sen.. kimni aytyapsan?
— Oshnalarinida u kishining...
— Sen qaerdan bila qolding ularni?..
— Bilaman-da, — dedim sirli qilib, — Sanab beraymi?
— Qani?..
— Yakkabogʻdan... Qozi pochchani, u kishiga qoʻshib Moʻmin togʻani aytib kelaman. Bu yoqdan Sultonbek qori buvani, anavi Saynabi domlani... Topdimmi?
— Yana-chi? — dedilar oyim.
— Shu yoqdan yana Mimit buvani...
— Mimit buvang kim?
— Mana shu qoʻshnimiz-chi!
— Ha-a! — dedilar oyim jilmayib, — Xoʻsh, tagʻin-chi?
— Tagʻin, anuv, «Choʻlponota»ning domlasimi, nimaydi?..
— Zokir qorini aytasan-da?
— Oʻsha, uzun boʻyli, tilovat qilganda bedanalar ham jimib qoladigan odamni...
— Bilarkansan. Barakalla, bolam. Shularga ixtimat qoʻysang, kam boʻlmaysan. Salomingni ayama hech. Ulardek boʻlsang, jon derdim, — deb oyim boshimni silab, yelkamga qoqib qoʻydilar. — Mayli, bora qol. Ertaga peshin namozidan chiqib boraverarkansizlar, degin. Ha, aytmoqchi, domlaga ovora boʻlib borib yurma. Nusrat pochcham qorini oʻzim opkelaman deganlar. Faqat bu yoqdan Usmon togʻang bilan u yoqdan Norxoʻja pochchani unutmasang boʻldi.
— Xoʻp, oyijon.

Men goh u yonimga, goh bu yonimga shox tashlab, oʻynoqlab borib, eshigimizdan chiqdim. Oyim:
— Hoy, Maqsudxoʻja, tez kelgin. Tentirab yurma meni xavotirlantirib, — deb qolaverdilar.

Ertasiga Nusrat pochcha hoji oshnalarini koʻrib, bir suyunadilar, bir terilariga sigʻmaydilar. Har bit-talariga quchoq ochib:
— Hay, ulugʻ ish boʻptida kelganingiz, hay, zoʻr boʻpti-da, anchadan buyon toʻplanishmaganidik, biir majlis quradigan boʻpmiz-da, — deb eslari ketardi.

Nusrat pochchaning bu hayratlari, xursandchiliklari mehmonlarga yuqib, ular ham ta’sirlanib, koʻzlari namlanib, bir-birlariga jilmayishadi.
— Biz siz ayttirvoribsiz deb kelaversak, buna-qamidi hali? — dedilar Moʻmin togʻa soddadillik bilan.
— Bumi? Bu Salomxonning ishi. Baraka topkur, xoʻb tushungan ayol-da. Suhbat qurmaganimizgayam allaqancha boʻluvdi, diydor koʻrsatganiga shukr, shu kunlarga yetkazganiga shukr, — deb oshnalarining kuraklarini silay-silay tavof etib, ichkariga qistay boshladilar.

Men qoʻlimda obdasta, yelkamda sochiq, u kishilarning qoʻllariga suv quyib turibman. Oyim buyurganlaridek ularning duolarini olib qolayotirman.

Ular ham — har bittalari bir dunyo, salobatlari Xizrcha bor, duo qila-qila uyga qarab yuradilar.

Shunaqqib, soqollari koʻksilariga tushgan, undan oq sallalari bir chiroyli oʻralgan, egnilarida sariq yoʻl-yoʻl xalat, qozi pochcha kirib keldilar Moʻmin togʻa bilan boshlashib. «Siz yuring, yuring siz»lashib. Hamisha otda basavlat koʻrinadigan qozi pochcha uzun boʻyli, qotma Moʻmin togʻaning oldida ham oʻsha-oʻsha salobatli edilar. Yuzlaridan bir nur yogʻiladiki, uni koʻrib odamni sir bosadi.

Shunaqqib, hassalarini doʻqir-doʻqirlatib tashlab, Sultonbek qori buva kirib keldilar.

Shunaqqib, choʻntaklarida biz bolalarga ulashadigan mayizu shirinliklari hech tugamaydigan Mimit buva qoʻgʻirchoqday boʻlib koʻrindilar.

Ichkaridan Usmon togʻamning kuylaganday mayin tovushlari eshitilib turibdi. U kishi bu yerning odamiga hech oʻxshamaydigan, hindilardek qora, buning ustiga, qirra burun, mushtdekkina boshiga salla oʻragan «Choʻlponota»ning domlasiga nimanidir tushuntiryap-tilar. Ora-chora u qorining ham bidirlab, bir nimalar degani eshitiladi. Lekin tez gapirganidan nima deyayotganini hech anglab boʻlmaydi. Goʻyo boshqa tilda gaplashadigan odamga oʻxshaydi u kishi. Ammo men Qur'on tilovat qilganini bir eshitganman. Sayratmalar ham jimib, shamol ham esmay qoluvdi nazarimda. keyin kimam: «Bulbul qori boʻlib ketdi-ey» degan edi.

Hammalari joylashib, fotiha qilishgach, Nusrat pochcha haligi kishiga yuzlandilar:
— Qani, qori, yer egalari, suv egalari, oʻtganlar ruhiga atab, bir tilovat qilib yuborasizmi?

Men dahlizda choy olib kirishga shay boʻlib turibman. Uyning toʻrida qozi pochchaning yonlarida qimti-nibroq oʻtirgan haligi qirra burun qoridan koʻz uzmayman. Ichimda, bugunam bir eshitarkanmiz-da, deb choʻkkalay boshlagan edim, u tavoze bilan qoʻlini koʻksiga yuborib, qozi pochchaga, boshlab berasizmi, ustoz, deganday qaradi.

Qozi pochcha bosh silkib, izn berdilar:
— Oʻqing, qori, biz rozi.

Shu bir ogʻiz soʻzlari bilan qori (odat shekilli, mullavachchalardek choʻkkalab olib,) oʻshandagidek boshladi. Nazarimda, bu uyda bir jom bordek, ovoz oʻshanga urilib jangillab chiqayotgandek, uylarimiz ham oʻsha ovoz, oʻsha ohangga toʻlib bora boshladi, u ovozdan etlarim jimirlashib kelib, bir nafasda rom boʻlib qola qoldim.

Koʻz oldimdagi hamma narsalar qayoqqadir chekilib, shu qorining yolgʻiz oʻziyu uning ovozi qolganday edi. Oʻzini ham elas-elas, allaqanday bir tuman ichida koʻ-rardim. Va oʻzim sezmagan holda oʻsha ohangga monand chayqalishga-tebranishga tushdim.

Nihoyat, tiq etgan tovush ortiqcha boʻlib qolgan bir paytda tilovat uzilib, hammalari «iloho, omin» deya shovullab qoʻl ochishdi va qozi pochcha duoga ogʻiz juftladilar.
— Alhamdulillah, alhamdulillah, oʻzingning Qur'oningni qodir qilgancha oʻqishga, uning nurlaridan bahramand boʻlishga muyassar qilib qoʻyibsan, yurgizib qoʻyibsan, turgizib qoʻyibsan, ibodatlaringga mashgʻul qilib qoʻyibsan, mingdan-ming shukrlar boʻlsin. Shu xonadondan, avlod-ajdodlardan duo talabda boʻlgan ruhlarga yetkazgin shu kalomingdan hosil boʻlgan savoblarni. Yer egalari, joy egalaridan oʻtganlarni oʻz rahmatingga olib, qolganlarni panohingda asragin. Bu diyorda topgan, topadigan savobu amallarimizni, ilo-ho, oʻzimizga hamroh etgin.

Duodan soʻng choy olib kirishga izn berishdi. Opkirdim. Kirib-chiqib, xizmat qilib turibman.
— Shu rahmatli Mahmudxoʻjaning kenjasimi-a? Yigit boʻlib qopti-ku! Er yetib qopti-ku! O, vaqtning oʻtishini qarang, umrning ketishini qarang! Yaqinda emasmidi, rahmatli, nega yerimni hukumatingga berib qoʻyarkanman, deb yolgʻiz oʻzlari loy kesib, paxsa urib yotganlari? Kundakov qilinganda-chi, kundakov qilinganda? Tok zangini Domdehqonga sudrab borib, tokda nima gunoh, deb talashib yurganlar-a, tavba, — deyishar edi.

Men esam, har kuni oldilaridan necha martalab salom berib oʻtadigan odamlarim meni koʻrib hayratlanishlariga (yana har gal toʻxtatib, kimni bolasisan, deb soʻrashlariga) hayron edim. Lekin alqab qilgan duolaridan boshim osmonda chopib-chopib xizmat etyapman.

Choydan keyin yarim kosa-yarim kosa mastava suzildi. Ustiga jindek murch, jindek rayhon sepilib, yarim qoshiqqina qatiq solinib...

Mastavani opkirgach, oʻzim ham bir chekkaga oʻtib, ikki toʻgʻram non bilan ichib oldim. Shunaqa xushxoʻr boʻptiki oyimning ovqatlari!..

Lekin mastavani ichib boʻpman, necha qayta ular oʻtirgan uyning eshigiga borib alanglab kepman ham chollar kosani ola qolinglar deb izn berishmas, Norxoʻja pochcha «Hoy, kichkina Mahmudxoʻja, qattasan» deb chaqira qolmas edilar.

Bu yoqda oyim, kennoyimgilar halak. Kosalarni berisha qolsa, tezroq yuvib, oʻshanda manti kirgizishmoqchi. Axiyri oyim:
— Bor-chi, manti ezilib ketmasin, — dedilar. Kovshandozdan koʻrinish beray deb kirsam, kosalar

boʻshagan-u, allanima haqda suhbat boshlanib qopti.
— Hoʻ-oʻy, sekinroq aytasizmi? Yomon boʻldi, yomon; shu toʻy buzulgani, shu kelinning yoʻqolgani. Asol opamga tushib, unday boʻluvdi, Haybatga unashilib bunday boʻldi. Nima qilaylikki, u barmogʻimizni tishlasak ham ogʻriydi, bu barmogʻimizni tishlasak ham... — derdilar Nusrat pochcha kuyib-kuyinib.
— Qizginada bir gap borligini Haybat bilmasa, aybi yoʻq, lekin kattalar-chi? Qaytarishsa boʻlardi-ku, — dedilar Norxoʻja pochcha bu yoqdan boʻynilarini choʻzib.
— Qaytarganga... quloq soldimi! Shuni olsamam olaman, olmasamam-olaman deb... qoʻydimi! — dedilar Moʻmin togʻa. — Irimga ishonadimi hozirgi yoshlar. Mana, oqibati. Miltiq koʻtarib izgʻib yuribdi endi. Qiz oʻgʻrisi yetadigan joyiga yetib boʻlgan-da.
— Kimdan koʻrishingniyam bilmaysan... Sultonmurod unaqa bola emasdi shekilli, Nusratxoʻja? — dedilar Usmon togʻam yigʻolmaydigan oyoqlarini xontaxta tagiga uzatib-joylashib.

Men ularning roʻparasida xuddi gap poylagandek turishga iymanib, dahlizga oʻtib, taxmonga suyandim. (Chaqirishsa, labbay deb kirishga oson. Undanam burun manavi gaplar moydek yoqib turibdi. Faqat kennoyimni ayblagandek gapirishlaridan gʻashim kelib-kelib qoʻyyapti.) Chindanam, kim opqochgan ekan oʻsha kechasi? Kelin uzatib borishayotgan oqshom?
— Bilmadim, oka, bilmadim. Bir narsa deyishim qiyin. Koʻngli borligini bilardig-u, bu ishga jur'at etadi deb oʻylamaganmiz. Hozir ham gumonsirab gunohga botishdan qoʻrqaman, — dedilar u kishi. — Bunaqa yoʻlga yurmasa kerak edi.
— Unda kim, qaysi Xudodan qoʻrqmagan? — dedilar Mimit buva. (Men shu yerda turibam, qaltiragan ovozlaridan bildim.)
— Sultonmurodimizni... rahmatli Abdurahim eshon pochchaning bolalarini xalq orasida yomonotliq qilish uchun nimalar oʻylab topishmadi! Shu oʻyinlarning bittasidirda bu ham, — dedilar qozi pochcha.
— Balkim-balkim,— deb tasdiqlashdi atrofdagilar.
— Gumondan iymon qochadi. Eshitar quloqqa yaxshimas. Qoʻyinglar, yaxshi gaplardan gaplashaylik, azizlar,— dedi begona ovoz. (Bidirlabroq soʻzlashidan Choʻl-ponota masjidining imomi deb taxminladim. U kishidan boʻlak hech kim bilagʻon odamdek bidirlamasdi.)
— Ha, odam, azbaroyi achinganidan gapiradi-da. Jabr-jabr, Asol kennoyimga jabr boʻldi. Boyaqish bojamiz unday boʻlib ketuvdi, asrandisi bunday boʻldi.
— Hech bandani qariganda bunday farzand dogʻiga solmasin Xudoyim, — deb qoʻydilar Usmon togʻam. — Oʻzi shu kishini qavatimizga koʻchirib kelish keragiydi, Nusratxoʻja.
— Lozimiydi-lozimiydi. Koʻrdiz, tushuntirib boʻlmadi-ku, — dedilar Nusrat pochcha.
— Sizlarga rahmat, sizga rahmat, Nusratxoʻja. tagʻinam oqibatinglar baland ekan. Kuyovingizni koʻchirib oborib qoʻyibsiz. Eshon pochcha, Mukarram akaning chirogʻini yoqib oʻtirgan shu Nusratxoʻjaning kuyovlari boʻladi, — deb tushuntirdilar Moʻmin togʻa. — Baraka topishsin, ilohim.
— Birovning yolgʻizini qoʻllab, qizlarini berib, vatanli qilib qoʻyganlari-chi? Bundan ulugʻ savob bormi? — dedilar Norxoʻja pochcha.

Bunga sari pochcha oʻngʻaysizlanib, kaftlariga yoʻtalar, oʻzlarini chalgʻitar edilar.
— Biz sababchimiz, xolos, Xudoyim koʻngilga solsin avvalo, — dedilar axiyri.
— Kim yetim-esirni qoʻllabdi, yolgʻizni uylab-joylabdi, qoʻli kaltalarga qarashibdi, qizlarini chiqarib-uzatishib yuboribdi, savobni toʻliq olibdi! Jannati na’imlardan oʻziga koʻshk tayyorlabdi! — dedilar qozi pochcha ta’sirlanib. — Nusratxoʻja, buning qisinadigan joyi yoʻq, ota-bobolarimizdan kelayotgan solih amal bu.
— Toʻgʻri aytasiz, eshon pochcha, — deb ovoz berdilar Usmon togʻam. — Otam rahmatli, yettita qiz chiqargan jannati boʻlarkan, deb oltita qiz ustiga yana bitta qiz asragan edilar. Boʻy yetgach, mol-sepi bilan, joyini topib uzatganidilar . Yetimga qiz berish, birovni vatanli etish bizga oʻshalardan meros. Ana, Salomxon ham shunday qildi, Nusratxoʻja shunday qildi. Ajrini oʻzi bersin.
— Beradi, ilohim. Siz solih amal qilibsiz, men toʻligʻi bilan beraman, birga ming qilib beraman, degan va’dasi bor Ollohimning, — dedilar qozi pochcha.
— Shunday-shunday, — deb tasdiqladi imom ham.
— Faqat, uning boshini ikkita, oyogʻini toʻrtta qilib qoʻyolmaganim — armon boʻlib qolyapti, oʻrtaga manavi urush tushmasa, shu kunlaram yoʻqmidi, bojamizning ruhi poklari oldida qarzdormiz, qarzdor.

Achingan Nusrat pochchayu mening koʻzlarimga yosh quyilib keldi. Ich-ichimdan bir xoʻrsiniqmi, alammi tirnab-timdalab kelib, taxmon koʻrpalariga sirgʻana-sirgʻana sandiq tagiga oʻtirib qoldim.
— Olloh sabr bersin. Palagi aynimagan boʻlsa, qaerga borsa, xorlik koʻrmaydi, — dedilar qozi pochcha tasalli berib. — Oʻsha vaboga oʻxshagan narsa oralamasin xonadonlarimizga, ishqilib.
— Oralashga oralab boʻldi, qozim. Xudoyimning oʻzi insof bersin qolganlarga, — dedilar Sultonbek qori buva va nafaslari qisib, toʻxtab qoldilar. U kishi gapga aralashmay oʻtirgan edilar, shu yerga yetganda chidamay ketdilar, shekilli. — Kuymagan kim qoldi, qozim, kim qoldi?!
— Shunaqa deymiz-ku, chirogʻimizni yoqadigan ham, oʻchiradigan ham oʻzi shekilli. Boʻlmasa, kim oʻylabdi, bizning xonadonlarda Xudodan qoʻrqmaydigan zuryodlar dunyoga keladi deb?! Kufrning koʻchasi koʻp ekan, qori buva, koʻp ekan?! Hammayam Siroti mustaqiymda qololmas ekan, — dedilar u kishi ovozlari oʻzgarib.

Hammalari bu gapdan ta’sirlanib, xiyla jim qoldilar. Men koʻrmayapman, lekin tasavvur qilib turibman: qozi pochchaning nozik yerlariga tegib ketmaylik deb har narsaga alahsisalar alahsiyaptilarki, indayolmayaptilar.
— Palakka tushgan kulni, shirani-ku, koʻtarsa boʻlar, lekin buning davosi bormi, qozi pochcha? — dedilar Usmon togʻam axiyri jur'at etib.
— Bizning diyorlarda tong-saharlari esadigan, birov bilib, birov bilmaydigan bir bodi sabo bor. Oʻsha oʻynoqlab oʻtib ketsa, bas, har qandoq ekin gʻuborlardan ozod boʻlib, yashnab ketadi. Xudoyimning qudrati bilan shu epkin palaklarni tozalaydi. Toʻgʻrimi, Usmonxoʻja?
— Bilarkansiz-bilarkansiz, Kattabogʻni Kattabogʻ qilib turgan ham, ne’matlarini asalga aylantirib, qaritmay kelayotgan ham oʻsha narsa-da. Har tong Boʻz-suvdan oʻynoqlab chiqadigan oʻsha oʻynoqi shabada-da, — dedilar togʻam yosh boladay quvonib.
— Yo qudratingdan, Xudoyim shunaqa chevarmi? shunaqa epkinlar yuborib qoʻyibdimi?! — deb ta’sirlanib hayratlandilar Mimit buva.
— Bandasining qalbini kiru qurumlardan tozalaguvchi shunday narsa nimaligini aytaymi? — Kutilmaganda qozi pochchaning bu savollaridan hamma hayratga tushib, ichkari uyda shovur-shuvur qoʻpdi. Hammalari har chekkadan qistashdi.
— Ayting, ayting!..
— U — qoʻrquv!

Birdan hamma jimib, uyda pashsha uchsa bilingudek bir sukunat choʻkdi. Qanaqa qoʻrquv? Nimadan qoʻrquv? Hech zamonda qoʻrquv ham ichni tozartirar ekanmi? Men hech anglab yeta olmas edim.
— Balli, qozim. Bu qoʻrquvda hikmat koʻp, — dedilar Sultonbek qori buva ham kutilmaganda.
— Qoʻrquv oralamagan qalb qalbmi? U kirlab bitadi. Shirk, hasad oʻsha yerda bolalaydi. Shayton vatan tutadi uni, — dedilar qozi pochcha ilhomlari joʻshib.— Agar odam Xudovandi Karimdan hayiqsa-chi? Ertagi soʻroq kunidan, qiyomatda qayta tirilishi, javob berishi muqarrarligidan choʻchisa-chi? Shaytonning soʻziga kiradimi? Palagini buzadimi? Xudo zuryodlarimizni oʻsha balodan oʻzi asrasin.
— Lekin shirk oralamagan xonadon, foiz gardi urmagan moʻmin, harom luqma aralashmagan qozon qoldimi, qozim? — deb yubordilar ovozlari titrab Mimit buva.
— Shukr qiling, Qobil buva, hamma sizday fikrlasa, nonini halollab yesa, oxiratini ham chiroyli qilar edi Xudoyim. Bugunga kelib shunday imtihonlari bor ekan, sabr qilmoqdan oʻzga nima choramiz bor?! Abdurahim eshon pochcha xonadoniday toʻzitib qoʻysa, toʻzitib sinasa, nima qilar edik? Shukr eting shu kuningizga, — dedilar Nusrat pochcha.
— Hov darigʻ, — deb qoʻydi kimdir. Kimdir xoʻrsindi:
— Esiz, bir palakning bolalari...
— Aytmoqchi, kichkinasi, nima boʻlgan, koʻrinmay qoldi uyam? — dedi birov.
— Unisidanam darak yoʻq, oʻzi bilan opketdimi, qoldirdimi — bilolmadik. Boyaqishlar sigʻmadilar ota yurtga.
— Yoʻgʻ-e, hijratga majbur boʻptimi? — dedilar Norxoʻja pochcha poygakdan.

Nusrat pochcha xoʻrsindilar:
— Balki hammasi yaxshilikkadir. Oʻsha askar tashlashidan bir kun avval kirdi oq fotiha soʻrab. Opoqdoda, duo qiling, yozugʻimiz shu ekan, nasibamiz boshqa yurtlarga qoʻshilgan koʻrinadi, dedi.
— Chindan-a? — deb yubordilar Usmon togʻam.
— «Nega, bolam? Bizni, oʻzing er yetgan diyorni tashlab ketasanmi? Ilojsiz narsa bormi, toparmiz», dedim, — deya davom etdilar pochcha. — «Yoʻq, rahmatli otam tushimga kirib yuribdilar. Tagʻin dovon oshib borayotgan karvon koʻrdim. Shularga esh boʻl dedilar...», deydi.
— Subhonalloh, — dedi kimdir.
— Yo Arhamar Rohimiyn, oʻzlari yoʻl koʻrsatibdilarmi? — dedilar qozi pochcha.
— Demak, ketibdi, hijrat etibdi, — deyishdi boshqalar. Qozi pochcha qandaydir oyatni oʻqib, qaytardilar:
— Bas, vatanlaridan hijrat qilgan, diyorlaridan quvilgan, mening yoʻlimda aziyatlar chekkan va jang qilib qatl etilgan zotlarning gunohlarini oʻchirgayman . Ollohning shunday haq va’dasi bordir. Ilohim, Siroti mustaqiymni topgani rost boʻlsin.
— Uni qarang-a! Bu yoqda biz uni kim deb yuribmiz, hukumat kim deb oʻylab yuribdi, — dedilar Usmon togʻam faxrlanib-havaslanib.
— Boshi toshdan boʻlsin.
— Olloh panohidan chiqarmasin, qaerda boʻlsa ham,— deyishdi chollar.

Va shu zayl borayotgan suhbat poygakda choy quyib oʻtirgan Norxoʻja pochchaning savollari bilan yana qizib, jonlanib ketdi.
— Qozi pochcha, shu men sizdan bir narsa soʻray olmay yuraman. Mavridi kepqoldi, agar ruxsat etsangiz...
— Soʻrang, Norxoʻja, soʻrang. Ilmimiz yetgancha aytarmiz, yetmasa, mana, imom borlar, Nusratxoʻja borlar. Birgalashib, deganday... — dedilar u kishi.
— Oʻzingizdan eshitamiz, — dedilar Nusrat pochcha.
— Ha, sizdan oʻtib bir narsa dermidik, — dedi imom ham.

Sal koʻrib turibman, Norxoʻja pochcha joylashib-choʻkkalab oldilar:
— Ilmiyizdan foydalanib qolaylik-da.
— Xoʻp, xoʻp...
— Shu, mani bilishimcha, hammamiz bir otaning bolalarimiz-a? — dedilar u kishi iymanibroq.
— Shunday-shunday, Hazrati Odam hammamizning otamiz boʻladilar, — dedilar qozi pochcha. — Biz — Nuh alayhissalomning Yofas oʻgʻillaridan tarqab, koʻ-payganmiz.
— Biz hammi? — dedilar Usmon togʻam.
— Siz... bu oʻlkalarga yoyilgan avlodlaringiz... Hazrati Ali shajaralariga borib tutasharmikan, vallohi a’lam. Ishqilib, Odam ota farzandlarimizda ham-mamiz.
— Menam shuni aytaman, — dedilar Norxoʻja pochcha,— shu bir otaning bolalari bugunga kelib, bir-birini tanimaydigan, kezi kelsa, bir-birining payini qirqadigan, dushmanlashib sotadigan, qamatadigan, bir soʻz bilan aytganda, Xudodan qoʻrqmaydigan boʻlib ketdilar. Mana shu Yakkabogʻimizu Kattabogʻimizda qanchasini koʻryapmiz. Qayoqdan kepqolishibdi ular? Ana, Akmal oʻrisga oʻxshaganlar, Parpi bebaxtning atrofidagilar? Shularni deb Bahriddin nima boʻldi? Mukarram pochcha, Abdurahim eshon pochcha nima boʻldilar? Mana endi Sultonmurod qayoqlarga bosh olib ketibdi? Qachon bir palakning bolalariday... munday totuv yasharkanmiz? Oʻnglanarmikanmiz yo olam oʻzi shunday qurilganmi?
— Hov, Norxoʻja, Norxoʻja?! Bu jumboqni kim yechibdiki, biz yecha olsak, — dedilar qozi pochcha hech kutilmaganda Nusrat pochchaga oʻxshab sayxa tortib. — Koshki bir ogʻiz soʻz bilan tushuntirib boʻlsa. Nima dediz, Nusratxoʻja?

Ichkarida jonlanuv boshlanib, pochcha ularning tinchlanishlarini kutganday, ustma-ust tomoq qirdilar.
— Balki birgalashib... topib boʻlar?
— Ma’qul-ma’qul, — dedilar qozi pochcha va boyadan beri bahsga aralashmay izzat kutib oʻtirgan imomga oʻgrildilar. — Balki qorim bir narsa derlar?

U kishi Qur'on tilovat qilaversin ekan-u, gapirmay qoʻyaqolsin ekan. Bidirlab, hovliqib gapirganidan, oʻlay agar bir narsa tushungan boʻlsam. Faqat Siroti mustaqiym deganini anglab qoldim, xolos.

Ammo Mimit buva ovozlari qaltirab chiqsa-da, bir ogʻiz qilib aytib qoʻya qoldilar:
— Hammasi oʻz fe’limizdan. Fe’limiz tor.
— Tilimiz namozda-yu, koʻzimizga dunyo chiroyli koʻrinib, jilva qilgani-qilgan.
— Imtihonda bu. Xudoyim shunday sinaydi, — dedilar Saynabi domla.
— Amalimiz chiroyli boʻlib, qiyomatdan qoʻrqsak edi, — dedilar Sultonbek qori buva, — kam kulib, koʻp yigʻlar edik.
— Shaytonning vasvasasiga uchmasak-ku, yigʻlar edig-a, — dedi kimdir.
— Iymon sust-da, iymon, — dedilar qozi pochcha.
— Ha-ha, ana endi magʻizga yaqinlashyapmiz, — dedilar Nusrat pochcha pishillab-qoʻzgʻolib, — Ollohni doʻst tutib, oʻzigagina tavakkal qilsak, hidoyatga ham boshlardi allaqachon.
— Hadlaridan chiqib borayotgan, toyib borayotgan qancha, — deyishdi boshqalar.
— «To oʻzlaringizni oʻzgartirmaguncha...» degan oyat nima haqda kelibdi? — dedilar qozi pochcha.
— Abdurahim eshon pochcha avliyo ekanlar. Hali bu kunlar holva, moʻminlarning boshida qancha imtihonlar bor, deb oʻtirardilar. Bilarkanlar u zot, — dedilar Saynabi domla.
— Olib ketishlaridan bir kun avval muridlariga «endi mendan oladiganingizni olib boʻldingiz, qolgan ilmni falon yerga borib falonchidan olasizlar», deb javob berib yuborganlari-chi? — dedilar qozi pochcha.
— Shunaqa boʻlgan ekanmi? Uni qarang-a? — deb qolishdi uy ichidagilar.
— Oʻsha bir kun avval ertadan kechgacha boloxonadagi kitoblarni kigizga oʻrab, sandiqqa joylashgan, — dedilar Nusrat pochcha tushuntirish berib. — Keyin qorongʻu tushib qaergadir olib borib koʻmib kelishgan. Bu orada Zumradxonga osh damlatib qoʻygan ekanlar, suzdirib kelib, mehmon qilibdilar-da, xuftonni birga oʻqishib, soʻng oq fotiha beribdilar. Tong otauncha qolishlariga ham koʻnmabdilar. Erta bilan eshitsak, sahar chogʻi kelib, oʻzlarini olib ketishibdi. Bomdodni oʻqib, istigʻfor aytib oʻtirgan joylaridan.
— La ilaha illalloh! Oʻzi ayon berarkan-da? — dedilar Usmon togʻam hayratlanib.
— Lekin tayyorgarliklarini koʻrib qoʻygan ekanlar. Zumradxonga: «Rozi boʻl, xotin, diydor qiyomatga qolyapti. Ollohim suygan bandalariga musibat yuboradi. Shukr qilinglar», debdilar.
— Yo Olloh! Ilgarigilar dor tagiga qanday toʻgʻri borgan desak, xotirjamlikniyam Oʻzi berarkan-da? — dedilar Mimit buva.
— Oʻzi beradi. Shuning uchun ham, soʻnggi tilaging nima, deganda, ikki rakat namozga izn soʻraydilar moʻminlar va Ollohga yuzlanadilar. Bu bizga Hubayb dan qolgan sunnat, — dedilar qozi pochcha, — Hammaga ham nasib etavermaydi bu ne’mat. Birda bir, oʻzi suygan bandalariga taqdir etadi.

Men esam, oʻsha oʻtirgan yerimda Sultonmurod akamni oʻylab ketibman. Nazarimda, uni qaerga qochsa, orqasidan quvib borib qoʻlga olishadigandek. Xoin hisoblab, dor tagiga sudrashadigandek. Chor tarafdan odamlarni haydab kelib, xaloyiqning koʻz oʻngida... yoʻq, yoʻq, dorga tortish oldidan u qiblaga qarab ikki rakat namoz oʻqib: «Mana, men tayyorman. Olloh uchun bitta jonim ekan-ku, mingta jonim sadaqa!» deb turgandek.

Biz haqimizda, qarindoshlari haqida bir ogʻiz bir narsa demay, dor tagiga qarab yurgani, jilla qursa, eslab qoʻymagani alam qilib, koʻzimga achchiq yosh quyilib keldiyu boʻgʻzimga qaynoq bir narsa tiqilib... turib ketdim.

Shu mahal... koʻcha eshigimiz ochilib, birov «adajon»lab kirib kela boshladi. Oyimmi, opammi oʻsha yoqqa yugurdilar:
— Hay, ovozingni yut, uyat boʻladi!

Oʻzim ham uchib, hovliga tushib bordim. Qarasam, xolamning kichkina qizlari. Oyimning bagʻrilariga singib ketgudek boʻlib, izillab turibdi.
— Nima boʻldi, bunday tushuntiribroq ayt, — deganlari sari oʻpkasi toʻlib, koʻksilariga chirmashadi.
— Tomimizzi... tomimizzi... — deydi-yu, u yogʻini aytolmaydi. Xoʻrligi tutib qolyapti. Shovqinga (balki qizlarining ovozini tanibdir) pochchaning oʻzlari chiqib keldilar. Kovshandozdanoq:
— Hoy, kim bor, kosani olinglar. Bu yogʻini tezlatinglar, — dedilar-u, ostonaga chiqib, bir poy kalishlarini kiya olmayin ham turib qoldilar. Koʻngillari xunuk narsani sezgan ekan-u, balo bunchalar tez keladi deb oʻylamagan ekanlar.

Axiyri hassalariga tayana-tayana bir amallab zinadan tushib, qizlarining oldiga lapanglab kela boshladilar:
— Hay, ona qizim, oppoq qizim, boʻldi-boʻldi, ichkarida shuncha odam, sen yigʻlashingni qara, eshitgan nima deydi? — deb borib, bagʻirlariga oldilaru boshini silab, turib qoldilar. Va anchadan keyingina sekin dedilar. — Oʻsha, kechagilarmi? Akmal oʻrislarmi?
— Koʻchirmaga solishibdi, adajon. Tomimizni buzishyapti, — dedi qizlari battar hoʻngrab.
— Tinchlan-tinchlan. Oʻsha jigarimizni deb, Sultonmurod akangni deb tortib olsalar, olsinlar. Unga boshpana bergan, deb alamdan chiqmoqchi boʻlsalar, chiq-sinlar. Koʻchada qolmasmiz. Dala boʻlmasa, shahar bor, bir kunimizni koʻrarmiz. Men ularga yalinmayman bolam, Xudoga solaman, xolos, Xudoga... Xudoyim hamma-sini oʻzi koʻrib-bilib turibdi, yoʻlini ham oʻzi koʻrsatadi, koʻrsatadi...

Pochcha shunday deb orqaga qaytaverdilar va zinaga yetganda kimnidir izlab, alangladilar.
— Hoy, Poshshaxon, joynamozlaring taxtmi, qizim? Asrni oʻqib olaylik. Mantini keyin kiritasizlar, — dedilar.

Ang-tang qolgan qizlari yana orqalaridan chopdi:
— Ada, adajon! Axir, Sizni kutib turishibdi. Yetib bormasangiz... bormasangiz, hammasini ochib tash-lashadi!

Pochcha toʻxtadilar, yengil bosh silkidilar-u, qaytmadilar:
— Ochgancha ochadi, qizim. Namozdan ulugʻmas hammasi — bu dunyo tashvishlari ham, hoy-havaslari ham!..

Men qotib qopman: U yoqda tomlarini ochmoqchilar-u, tavba! Yo Sultonmurod akamning qaytishiga ishonyaptilarmi? Bugun u kishi indamasalar, ertaga bu yoqqa kelmaydimi? Sizlar ham boshpana bergansiz, bagʻringizga olgansiz, deb quvsalar-chi bizni? Qoʻrqib ketdim.

Bir mahal oʻzimga kelsam, birov orqamdan kelib, bagʻriga tortib turibdi. Nuqul boshimni silaydi, ipakdek yumshoq kaftlari yoqyaptiki...

Faqat oyimgina shunday bagʻirlariga tortib, jim qolishlari mumkin. Qulogʻimning chetiga qaynoq tomchi tushib, titrab ketdim:
— Oyi, oʻzingizni bosing, biznikiga kelolmaydilar. Kelsalar ham, ochib koʻrsinlar-chi! Akam nima qilarkin ularni!
— Kelolmaydi, oʻgʻlim, kelolmaydi. Xudoyim ham yoʻl bermaydi! Qaerda bor ekan, yetimlarning boshini silab, bagʻriga olgan xonadonni buzsin, toʻzitsin degan qonun?! Kelib koʻrsinlaram-chi! — Oyim meni bagʻirlaridan chiqarib, yelkamga qoqdilar. — Lekin sen hozir chop. Ularni toʻxtat! Oʻzlari kelyaptilar de! Chumolining ini ham buzilmasin hech zamonda. Bora qol, xolang boyaqish nima qildilar ekan. Uch!
— Xoʻp, oyijon, — dedimu oyogʻimni qoʻlga oldim...

Huvillagan bogʻlar yoqalab, toklari allaqachon koʻmilgan ishkomlar ichi bilan, ustida donayam bargi qolmagan yalangʻoch yongʻoqzorlar tagi bilan, burganzorlar oralab (har oyoq tashlaganimda tizzamga urilib, burgan urugʻlari shuv-shuv sochiladilar), shoʻra oʻtlar bosgan oʻqariqlardan hatlab oʻtib, uchib boryapman-u, nazarimda xolamlarnikigamas, tamomi boshqa yoqqa yugurib ketayotgandekman. Hov anavi — Boʻzsuvdagi eng baland Yassitepaga va yo boʻlmasa, Foziltepaga chiqib bormoqchiman. Chiqib bormoqchiman-da, oʻsha akam aytgan ajdodlarimizga oʻxshab, olov yoqsam, deyman! Meni koʻrib, tutunimni koʻrib, boshqa tepalarda — Oqtepayu Xirmontepalarda ham olov yoqilsa-da, dushman bosh koʻtardi, ichdan yov chiqdi, deb akamgilarga xabar berilsa! Qani edi, qani edi!.. Koʻzlarim sim-sim yoshlanib, (oʻsha tutundanmi va yo boshqa narsadan) kaftlarim-la artganim-artgan. Yoʻllariga koʻz tutganim-tutgan. Qani koʻrina qolsa akam, akaginam!.. Qani qayta qolsa!

Va yana bir koʻnglim Izzaga qarab chopmoqchi, koʻk boʻrini izlab yurgan Haybat akamni topmoqchi boʻlaman. Yuring, u tirik ekan, oʻlmagan ekan boʻri! Boʻzsuvdan chiqib, xolamgilarnikiga tushibdi! Toʻs-toʻs etayotganmish, chopaqoling, deb qistalang qilsam, shoshirsam...

Ey akalar, akajonlar!

Ichimdan bir nimalar toshib kelyapti! Koʻz oldimni bir tuman qoplab boryapti! Lablarim chetidan shoʻrtang tomchilar sizib kiradilar. Koʻz oldim chaplashib ketyapti. Javob bering, qanisiz? Qaerdasiz? Hamma umidim sizdan edi-ku?! Sizlardan edi-ku?! Ey akajon, Sultonmurod akajon! Qayting. Bizlarni kimga tashlab ketmoqdasiz? Eshityapsizmi, xaloskorsiz qol-dik biz!..

Men devor oshib, ishkomlar ichi bilan xolamgilarnikiga boʻzlab kirib borarkanman, hov birdagidek kunbotar tomondan qagʻillab-chagʻillab, bir qora quyun olamni tutib kela boshladiyu koʻzim tinib, esim ogʻib, bogʻ eshikka suyanib qoldim. Ajabo, tomda hech kim koʻrinmas, ketmon-ketmonda, bel-belda qolgan, mil-tiqli birov Akmal oʻrisni oldiga solgancha, hovlidan chiqib borar, yalinib-yolborishiga qaramas edi. U akammidi, yigitlarimidi va yo Haybat akammi — hech aj-rata olmasdim. Zagʻchalar esa, qiyomat qoʻpganday bosib kelar edilar.

XORIJDAN MUJDA (XOTIMA)

Yana nechanchidir marta shaftolilar nozik ado liboslarini ildilar ustlariga. Va nimpushti roʻmollarini oʻynoqi yellardan asrab-avaylab, ohista egildilar: muloyim yuzidan nur yogʻilib turgan moʻysafid qaynotalari — quyoshga salom qilgani chiqqan kelinday...

Yana nechanchidir marta kungay tepalarda boychechak kuldi va bolakaylarning puchuq burunlaridan oʻpich oldi. Anhor yoqalarida koʻz ochgan binafshaxonlar qaqajon qizlarning koʻksilariga bir yarashib tushdilar. Yana nechanchidir marta horib-tolib, «qur-ey, qur-ey»lab kelayotgan turnalarni quvib, devday-devday bulutlar oʻtdilar. Yetolmay, tutolmay ayqashib-uyqashdilar. Qaybirlari yengilib, koʻzyosh toʻkdilar, qaybirlari na’ra tortdilar. Koʻkda chol-kampir qaldiroqlarini otib, quvlashar edilar.

Yana bulturgi xazonlarning ostida qoʻziqorin bolaladi. Chuchmoma xumchalab, yuzlarini yomgʻir suvlarida yuvdi.

Qaybir oʻngirda boʻri bolaladi, koʻkda Tohir-Zuhra jamol koʻrsatdi. Bu sevinchlik xabardan kurtaklaru maysalar tilla isirgʻalar takdilar. Sa’valaru popishakxonlar, sariq, qizilbosh ming xil qushchalar yayrab-quvnashga tushdilar.

Yana tolchavkonlar davri oʻtdi, tolhushtaklar chalinib bitdi. Qizalokdar tolchiviqlardan sochpopuklar shilib, takdilar. Endi bu yogʻi yellarga qoldi. Kuni bilan shaftoli gullarini boshidan sochib, kapalakday uchirib-quvib, zerikkan yellar kechalari bilan tolzorlarda halinchak uchib chiqa boshladilar.

Shunday yoqimli tungi nasimlar tinib, subhi sabolar uygʻonadigan bir pallada balo toʻsatdan keldi. Ota yurtda zilzila qoʻpdi.

Biz bu xabarni yurtdan uzoqda — Fargʻonada eshitdik. (Mening xizmatim yuzasidan oʻsha yoqlarga koʻchib borib qolgan edik.) Oyim eshitgan zahotlari hech yerga sigʻmay, tipirchilab qoldilar.
— Voy, bolaginam, boʻla qol tezroq. Otlanaqol, ketduk. Yurtda shu ahvol, biz bu yoqlarda yuribmizmi? Qishloqning qozisi boʻlguncha, shaharning tozisi boʻl. Ketduk. Ishqilib, biznikilar tinchmikan? Opalarim, togʻalaring esonmikin? Yakkabogʻu Kattabogʻlar joyi-damikin? — Yana aylanib kelib jovullab, kuyib-pishib qistaydilar: — Shoshma, avval ishxonangga sim qoq, Joʻra akangdan bil, surishtir...

Sim qoqqunimcha bir yerga yetdilar: «Voy, Toshkanginaga nima boʻbdi, Xudoyimning qahri nimalarga kela qolibdi? Ishqilib oʻzining rahmi kelsin, bandalarining gʻamini oʻzi yesin, oʻzi asrasin...»

Xayriyat, sim ulana qoldi: qatnov toʻxtab, idorayu ishxonalar berkilmabdi. Qashqar mahallasida tom bosib, ayrim devorlar tashlab yuborganini aytmasa, bizning tomonlar — Qangʻliyu Yakkabogʻu Kattabogʻlar tinch ekan, joyida ekan. Ammo yer notinchmish, vaqti-vaqti bilan oyoq ostidan bir guldirak bosib kelib, siltanib-siltanib turganmish. Har daqiqada asov otdek bir koʻtarib tashlashini kutib-qoʻrqib oʻtirishganmish. Hamma narsa omonatday koʻrinib, odamlar «Astagʻfirulloh»ni aytib qolishganmish.

Oyim: «Ketduk, Maqsudxoʻja, oʻldirsa ham oʻz uyimizga — Oʻlan toʻshagimizga ketduk»lab turib oldilar. Oʻsha Fargʻonada tugʻilgan bijildoq qizim Zilola jaj-ji kaftlarini ochib, har dasturxon tepasida oyimlardan oʻrganganini toʻtidek takrorlaydi: «Adamlarga uzo-oq umr bersinla, katta davlat bersinla, yurtimizga eson-omon yetvolayluk!» Soʻng sakrab turib, qiqir-qiqir kulgancha chopib, uyni bir aylanib keladi. Va yana xontaxta oddiga choʻk tushib, jajji qoʻlchalarini ochadi: «Omin...»

Bilet olib kelmasam boʻlmaskan, deb axiyri otlandim.

Kelsak, hamma narsa joy-joyida. Uyimizning bitta kesagiyam uchmabdi. Bizning Kattabogʻlarda yorilgan devorlarniyam koʻrmadik. Yuz yillik chaldevorlar ham «munkillaganicha» turibdi. Faqat ogʻizdagi vahimasi zoʻr edi zilzilaning: «Toʻp otganday gumburlab kelib, bir koʻtarib tashlasa, esxonam chiqib ketibdi-ya! Yoʻq, oldin shiftni bir gʻijimlab, toqilarni shaqir-shuqur oborib-opkeldiyu keyin butun boshli uyni pista poʻchokday...»

Ishqilib, mana shunaqa gaplar, tekinga sotib olsa boʻladigan vohmalar.

Qarindoshlar ham tinch, «xudo-oblo» deb oʻtirishgan ekan.

Ammo shaharda yuzlab chodir uylar tikilgan, devori yorilib, suvogʻi koʻchgan, moʻrisi uchib, taxmoni tashlab yuborgan omonat uylardan hamma koʻchirib chiqarilmoqda edi. Kecha hech kim nominiyam eshitmagan zil-zilashunoslar bugun eng moʻ'tabar kishilar. Buning ustiga, hukumat boshliqlarining zudlik bilan uchib kelgani, Toshkent qayta quriladigan boʻlib, Butunittifoq qurilish maydoniga aylangani... hammasidan ham oshib tushdi keyin bilsak. Zilzila ham yuta olmagan bolalik yurtimizni ajdahodek komiga tortaman deb turgan boshqa narsa borakan. Sezmagan ekanmiz avvaliga. Doʻst doʻstning boshiga ish tushganda keladi-da, deb tasanno aytaveribmiz. Koʻ-oʻp doʻlvor ekanmiz, oshnajonlar.

Yigirma kunlar oʻtib, qayta bir kelsam, qay koʻz bilan koʻrib, qay quloqlarim bilan eshitayki, Kattabogʻdan — ota-bobolarimizning makonidan koʻchadigan boʻlibmiz. Bir biz emas, Chilonzoru Novza, Choʻlpon-otayu Xirmontepa, Murjumanu Tuvak — barchasi koʻchayotgan emish. Qurbaqaobodu Qangʻlidan yangi joy koʻr-satilganmish. Shoʻring qurgʻur, oʻzbek. Doʻmda tura olarmidi! Umri uchastka qurish bilan oʻtib ketsa, ketadiki, oʻla qolsa rozi boʻlmas.

Kelsam, zanjiday xunuk bir qora xotin (Habira deyishdi otini keyin hayiqibgina. Qarang, oʻzbek ekan shuyam) shlyapali, oq yoqali kazo-kazo va qizil shapkalilarni uyma-uy boshlab yuribdi. Koʻchishga, joyni boʻshatib berishga qoʻl qoʻydirib olyapti. Yigʻi-sigʻi qilganlarga uning poʻpisasini koʻrsangiz.
— Nega koʻzyosh qilasiz?! Oyizzi mahriga tushibdimi bu yer?! Yer hukumatniki, xohlasa, beradi, xohlasa qaytib olavuradi! Yoqmasa ana, doʻmga chiqasiz! Suvga siyib oʻtiravurasiz...
— Voy oʻlay, kofir boʻlib-a? — deydi uy egasi.
— Boʻlmasa, koʻrsatgan joyni mingʻirlamay olavuring. Nima, buzvoladiganim yoʻq? Ana, tanka turibdi, soddatlar turibdi, aytaymi, birpasda yumaloq-yostiq qilib berishsinmi? Dod-voy qimiysizmi?
— Yoʻq-yoʻq, Xudo xayringizni bersin, oʻzimiz... — deydi uy sohibi.
— Ammo-lekin shu oxirgisi boʻlsin, kampir. Ertagayam kirib yurmay. Meni bilasiz-a?
— Voy, bilmay oʻlibmizmi...

Ana oʻsha oʻzimizdan chiqqan qora Habira bosh boʻlib, boyagi mavzelardagi hamma xonadonlarni yangi joylarga — rostakam qurbaqaobodlarga sadoqat bilan koʻchirib berdi. Ammo uning shuncha xizmatlari nimaga taqdirlanmay qoldi, Toshkentning biror koʻ-rinarli yeriga oʻsha xotinga nega biron haykal qoʻyishmadi, hech tushuna olmayman. Aftidan el ogʻzida yura-digan «Qo-och, Habira kevotti» degan latifa monelik qilgan-ov.

Ishqilib, nima boʻlsa-boʻldi, jannatday joylarimiz ostin-ustun boʻlib, soyu tepalarimizdan, tutzoru nokzoru yongʻoqzorlarimizdan, qovunpolizu bedapoyalarimizdan (Qaysi yozigʻimiz uchun?) nishon ham qolmadi. Hammasini ya’juj-ma’jujdan ham oʻtadigan temir yalmogʻiz yutdi-yubordi.

Oʻsha — Olmazordan tushib kelgan aravamiz toʻntarilay degan yoʻlni ham, koʻprikni ham, toqilarimiz oqqan Izzani ham, chopiqchi qizlar nomahram koʻzlardan berkinib choʻmiladigan xilvat joyni ham — barcha-barchasini boy derdik, Sulaymon paygʻambardan qolgan Barzan singari otlar uchib yuradigan soylar, oʻt-loqlar, bedapoyalar, hatto oʻsha mashhur ot koʻmilgan Jargacha yoʻqlikka koʻchdi.

Boʻzsuv boʻyidagi u yertoʻlalar, Kattabogʻ ichidagi izi yoʻqolgan qarorgoh, ikki bor yor-yor aytib uzatilib borib, ikki bor ham baxtini topmagan Margʻu kennoyim yoʻqolgan oʻsha Tegirmon koʻchayu tegirmon boshidagi azim qora tollar, Tegirmonning oʻzi ham yoʻqolib, bir ertakka aylandi-qoldi. Oʻsha biz mol boqqan soylarning chimlarigina umrboqiy ekan: ular koʻchirib ketilib, Qizil maydonu Tuproqqoʻrgʻondagi «Najot qal'asi» deb atalmish binoning atroflariga yotqizildi, qolgani toshqoʻrgʻonlar tagida qolib ketdi manguta.

Olloh oʻzining kalomida, agar biz istasak, sizning oʻrningizga boshqa qavmni keltirib qoʻyamiz, bu bizga osondir, deydi. Avvaldan ogohlantirib qoʻygan ekan-u, biz oʻzimiz gumrohlik qilgan ekanmiz. Akam, Margʻu kennoyimni, Bahriddin akamni, avvalroq Abdurahim eshon pochchani va yana bir guruh kishilarni shu Yakkabogʻu Kattabogʻdan chiqarib yuborib, keyin ofatini yuborgani-chi? Xuddi Nuh, Lut qavmlari ustiga balo yogʻdirishdan oldin koʻrgan tadoriki kabi emasmi bu? Yanayam bizni Oʻzi asrabdi, qaysi savoblarimiz, toat-ibodatlarimiz evaziga karam qilibdi — bilmayman.

Men bularni tasavvur ham etmagan edim avval!

Hamma qatori yangi berilgan joyga yigʻlab-siqtab, bir amallab boshpana tiklab yurgan kezlarim ishxonaga bir odam qoʻngʻiroq qilib qoldi.
— Assalomu alaykum. Ma’zur tutgaysiz. Oʻzlari Maqsudxoʻja janoblarimi? — dedi u simning narigi tomonidan shirin bir oʻzbakiy talaffuzda.
— Ha, menman, — dedim kimligini bilolmay.
— Mahmudxoʻja oʻgʻillari-a? — deya yanada aniqlashtirib oldi u.
— Topdingiz.
— Yakkabogʻlik ekansizlar. Keyin Kattabogʻga koʻchmishsizlar...
— Shunday-shunday, — dedim taajjublanib. Uning bu savollari xotiralarimning allaqaysi sahifalarini titkilab yubordi va yuragim hapriqa boshladi.
— Volidangiz... hayotmilar? Adashmasam, ismi-shariflari Salomxon moshinachi edi?
— Alhamdulilloh, hayotlar, — dedim hayratim battar oshib.
— Poshsha opangiz, Oyposhshaxon, Hidoyxon, Habiraxon, Joʻraxon, Muborakxon atamli xolalaringiz...

Bu yogʻini men davom ettirdim:
— Qoʻldoshxoʻja, Usmonxoʻja, Kenjaxoʻja degan togʻalarim...
— Hech kimni unutmadilarmi, birodari aziz? — U tili-talaffuzidan ham bu yerlik odamga oʻxshamasdi. Lekin hammani tanishi, bilishi qiziq.
— Bu omon qaytganlari. Yana urushda bedarak ketgan togʻamiz boʻlguchi edilar. Islom togʻamiz... — Shunday dedimu birdan ich-ichimdan bir hayajon bosib keldi.
— Togʻam... tirikmilar? Siz...
— Yoʻq, men... shunday nom-nishonsiz ketganlar yana bormi, demoqchi edim?

Kimdan mujda keltirdi ekan? Akamdanmikan? Men battar hovliqib qoldim.
— Siz kimni soʻrayapsiz? Sultonmurod akamnimi yo Olim akamni?
— Olim? Kim u?
— Sultonmurod akamning shunday ukasi boʻlguchi edi... melisa oʻqishiga kirgan... bir koʻrinib... shu koʻyi yoʻq boʻlib ketdi. Qoʻldosh togʻam u haqda bironta ma’lumot topolmadilar keyin. (Shunda ham Nusrat pochcha surishtirib yurgan edilar.)
— Yoʻq, birodar, eshitmagan ekanman, — dedi u tan olib. — Ammo akasi haqida...
— Siz... siz u kishini bilarmi edingiz?
— Oz-moz. Ammo dovrugʻini koʻ-oʻp eshitganmiz, — dedi u faxrlanib.
— Qaerda, ayting. U tirikmi oʻzi? Margʻu kennoyim-chi? — dedim yutoqib.

U negadir jim qoldi.
— Nega indamaysiz? U kishi tirikmilar oʻzi?
— Men oʻsha yoqdan mujda keltirgan bir elchiman, xolos, birodari aziz. Mayli desangiz, uchrashaylik.
— Jon-jon deyman-ku.
— Sizni koʻp izladim, — dedi u yana. — U mavzelar yoʻkdikka koʻchganidan bexabar ekanmiz biz.
— Hoʻ-oʻv, — dedim ichlarim kuyib, tutunim oʻrlab.— Nimasini aytasiz, biz yoʻqotmagan nima qoldi oʻzi?.. Hammamiz tariqday sochilib ketdik-ku. Bir musht qilib yigʻadigan mard qani endi?!
— Unday demang, siz tufayli rishtalar ulansa, shoyad topishib ketsangizlar... — dedi u taskin berib.
— Lekin siz kimdan mujda keltirganingizni... aytmadingiz hali, — dedim men qistab.
— Koʻrishaylik, keyin... Men sizni, Maqsudxoʻja janoblari, ishxonangiz roʻparasida, favvora oldida kutsam...
— Hoziroq chiqaman!
— Shoshmang, birodari aziz. Agar mumkin boʻlsa, bir qoʻlingizga gazet olvolingiz. Shuni-da, tizzangizga urib-urib tursangiz... men tanib borsam...
— Maylin...

Xayollarim ming yoqlarga borib keladi: kim boʻlishi mumkin? Kimdan mujda keltirgan ekan? Akamdan boʻlsa, simdayoq aytmasmi edi? Nimaga andisha saqlab turibdi? Kimga tegishli, kim yuborgan odam oʻzi u? Yana hamma xolalarim, togʻalarimni bilishi qiziq?

Koʻrib lol qoldim. Toʻgʻrirogʻi, u meni tanib, kelib soʻrashdi.
— Sizmi, menida intizorlik-la kutayotgan bitikchi birodar? — dedi u labining chetida shirin jilmayib turib. U turk fuqarolariga oʻxshab bashang kiyingan, kalta soqol-moʻylov qoʻygan, yoshiga nisbatan ancha tetik, yuzi ham nurlikkina, toza oʻzbek lahjasida soʻzlaguvchi xorijlik edi.
— Biz ota yurtga mehmonmiz. Xayriyat uchratdim.

Topmay-la ketamanmi deb qoʻrqqan edim, — dedi u yanayam sidqidildan.
— Xush kelibsiz, ola ketay bugun hovlimizga. Mehmonim boʻling. Bir kecha otamlashaylik, — dedim men ham yaqin tortib.
— Nasib. Kelarmiz bir gal. Bu kech hamrohlar-la Margʻilona joʻnamoqni ahd etib eduk. Aybga buyurmaysiz, — dedi u qoʻlimni issiq qisib.

Biz favvora atrofini aylanib oʻtib, gulu gulzorlar oralab ketdik.
— Sizni «Aziz inson» atalmish bitikingizdan, ona yurtingiz tavsiflaridan tanishibdi ular. Oʻsha moshinachi Salom kennoyining oʻgʻillaridan boʻlak kishi bunday yozmaydi, deyishdi.
— Kim, Margʻu kennoyimmi? — dedim yalt etib yuziga qarab.
— Topdingiz, — dedi mehmon taajjublanib va hayratlanib. — Kamina oʻsha Margʻuba otindan duoi salomlar keltirdim.
— Shuni aytmaysizmi? — Men mehmonni shart quchoqlab olib, gir aylantira ketdim. Soʻng qoʻllariga yopishib, yuzlarimga surtdim. — Bizni nechogʻli sevin-tirganingizni bilsangiz edi, afandim! Ruxsat eting, boʻylaringizdan boʻylay. Siz bizga aziz odamlardan sevinchli mujdalar keltiribsiz. Boshimizni koʻkka yetkazdingiz. Endi sizni hovlimizga olib ketaman. Yoʻq demang, afandim. Oyim eshitsalar, xafa boʻladilar.

U ham erib ketib, namlanib kelgan koʻzlariga roʻmolchasini bosdi:
— Chindanda Xudovandi Karimning dargohi cheksiz, inoyati cheksiz. Oʻzi inoyat etmasa, biz qanday koʻrishar eduk, topishar eduk? Oʻziga cheksiz hamdlar boʻlsin, — deya men bilan qaytadan tanishishga tushdi.— Biz Jiddaga borib qolgan oʻzbeklarmiz. Men Sodiqxon Umarxon oʻgʻillariman. Tujjorman. Siza qadrdon kishilar ila koʻp yaqinmiz. Ular Qashqardan kelishgan.
— Kim, Sultonmurod akammi? — dedim u kishi nimanidir aytishni istihola etayotganini sezib. U javobni orqaga surgani sayin ichim qizib boryapti.
— Yoʻq, Maqsudxoʻja janoblari. Mendan berib yuborishgan omonat boya kamina ismi-shariflarini aytgan bonu ila Bahriddinxoʻjadandur. Biz u kishi ila ogʻa-inidekmiz...
— Kim, kim bilan dedingiz? — Bu xabar meni tamoman gangitib yubordi.
— Bahriddinxoʻja. Siz u kishini tanishingiz kerak, Maqsudxoʻja janoblari. Xolavachchangiz...

Har narsani kutsam kutgandirman, lekin bunaqa xabarni kutmagan edim! Margʻu kennoyimning akam bilan qochib ketib, birinchi nikohidagi kuyovini shuncha yildan keyin topishi, u bilan turishi... aqlga sigʻmaydigan narsa edi. Balki birga turmas ham...
— Shoshmang, kennoyim u kishiga turmushga... chiqqanmi?
— Ha, Maqsudxoʻja janoblari. Koʻpdan berli, Bahriddinxoʻja Qashqardan qaytgandan berli. Oldi oʻgʻillari er yetdi axir...
— Men hech narsaga tushunolmayapman. Meni kechirasiz-u, bunday boʻlishi aklga sigʻmaydi.
— Nega axir, Maqsudxoʻja janoblari?
— Chunki, chunki... bilasizmi, u kishini nikoh kechasi oblochilar bosib, oʻgʻrilar otib qoʻyishgan. Akam oʻligini topdirib, janoza ochtirgan. Tushunyapsizmi, janoza ochilib, koʻmib kelishgan...
— Nima dedingiz, koʻmib kelishgan dedingizmi? — Bu gaplarim mehmonga ham ta’sir etib, yuzlari yorishib keldi. Soʻng nimanidir aniq eslab, ilkis boshini koʻtarib, muloyim jilmaydi. — Ha, Maqsudxoʻja janoblari, menda bir uchini eshitganim bor bu tarixni. Bahriddinxoʻja aytib edi bir.
— Aytib edi?..
— Ha-da. — U mayin jilmaygancha, menga tushuntirishga chogʻlandi: — Oʻsha «ovlovchi» deganingizdan qochib borishayotib nuqul joʻrasi: «Men endi oʻldim! Tutdi — olib ketadi. Yetimning holi shu ekan, oʻrtoq», dermish-da, yigʻlarmish. Yigʻlarmish-da, oʻldim oʻrtoq, dermish.
— Xoʻsh-xoʻsh.
— Shunda ular — ikki oʻrtoq engil almashibdilar. U kuyovlik toʻnini kiyibdi, bu...
— Yo Olloh! — dedim boshimni changallab va shu turganim koʻyi turib qoldim. Notanish mehmon atrofimda girgitton boʻlar, yelkamdan suyab, kuraklarimni silab:
— Sizga ne voʻldi? Hoy, Mahmudxoʻja oʻgʻillari, oʻzingizni tuting, — deb yupatar, taskin berar edi.

Mening koʻz oldimdan esa, sochini yulib «Bahriddinim»lab ostona mushtlab oʻtirgan Asol xolam, qizil alvon oʻralgan tobut koʻtarib kelayotgan akalarim, uning oldidagi Qoʻqon aravaga chandib tashlangan kallasi xumdek, oʻzi chala tugʻilgan boladek Parpi bebaxtlar yasov tortib boryapti. Mozorotga qoʻyib kelayotganimizda yoʻ-limizni toʻsgan askarlarmi-ey, Boʻzsuv boʻylariga tashlangan desantchilarmi-ey, gir-gir aylanib oʻtaveradi, oʻtaveradi. Goh oʻzim qoraxat koʻtarib ketayotgan boʻlaman, goh koʻz oldimda hov oʻshandagidek boʻlib koʻkish nur turib oladi. Sekingina yoʻlak chetidagi chim toʻshamaga choʻkib qoʻyaqoldim.
— Tuf-a-tuf-a, qoʻrqitib yubordingiz-ku, mezbon janoblari. Meni kechirasiz, ma’zur tutgaysiz, nojoʻya xabar yetkazgan boʻlsam...
— Undaymas, undaymas. Siz meni ma’zur tuting. Tashvishga qoʻydim sizni, — dedim uzrxohlik bilan.— Boyaqish Asol xolam, kech tushdi deguncha nomini atab chaqirganlari-chaqirgan edi, koʻngillari sezarkanmi, tavba.
— U kishi... hayotmilar? — dedi mehmon hayiqibgina.

Men bosh chayqadim:
— Afsuski, zor-zor yigʻlab, eslaridan ayrilib, qazo qilib ketdilar.
— Xudovandi Karim rahmatiga olgan boʻlsin ul mushfiqani, — deb duo qildi u.

Men esam, shu oʻtirganim koʻyi, qarshimda choʻkkalagan xorijlik mehmonga hayiqibgina, soʻrashgada tilim bormay, savolchan tikildim: qani oʻsha maktub, bersangiz beraqoling...

U ham tushundi va qoʻyin choʻntagidan oppoq xorijiy xatgʻilof chiqarib uzatdi:
— Mana, hammasi shunda bitilgan. Sizga atalgan omonatni eson-omon yetkazganimdan Ollohga shukrlar aytaman, — dedi va iltijoli tikildi. — Faqat bir iltimos, Mahmudxoʻja oʻgʻillari...
— Ayting.
— Buni uya yetib, soʻng ochgaysiz.
— Nechun?
— Shunisi ma’qul. Harqalay... Rozi boʻlib, bosh silkidim.
— Rahmat, — dedi u.
— Sizga ham rahmat. Shundan shu yoqqa izlab, qidirib-la kelibsiz. Biz uchun aziz kishilar haqda mujdalar yetkazdingiz, — dedim men sal oʻzimga kelib.

Soʻng xayrlashib, ajrashdik. Men ishxonamga, u esa musofirxonasiga ketdi. Men qaytyapmanu ichim gʻurmishlab ketyapti, qachon ochaman, oʻqiyman deb. Mehmon nega bunday dedi? Faqat hovliga yetvolib oʻqiysiz dedi? Menga bir narsa boʻlib qolishidan qoʻrqdimi yo chindanam begona koʻzdan narirokda oʻqiydigan xatmi bu? Unda (xunuk desammi, dahshatli desammi, balki judayam xursandchilik ato etadigan) qanday mujda bor ekan?

Hayajondan qoʻllarim qaltirab ketyapti. Eng salqin, ichkari uyga kirvolganman. Darpardalarni ochvoray desam, uydagilar tinchlikmi deb qolishlari mumkin. Ustiga-ustak, oyim, ayolim nima-nima, kimdan ekan, deb holi-jonimga qoʻymasliklari tayin. Men esa, oʻspirinlik davrimdan tanish, u koʻz ochib koʻrgan va endilikda butunlay yoʻkdikka koʻchgan diyorimiz shohidlari, men uchun eng aziz kishilar — akam, kennoyim haqida uzokdan bir mujda keltirgan xatni yeru koʻkka ishonmay, uni qanday ocharimni bilmay turibman.

Xatgʻilofning oʻzi bir gʻaroyib. Oppoq, yiltiroq qogʻozdan choʻzinchoqroq qilib, xuddi taqinchoqlar soladigan qutichaning eni, boʻyiday etib, xatgʻilof yasalgan. Ustiga bir chiroyli, nozik tamgʻalar — uch kunlik yangi tuqqan oyu allaqanday gʻuj yulduzlar burji tushirilgan. Bosma arab yozuvlari ham xuddi naqshday xatgʻilofni bezab, koʻrk boʻlib turibdi. Ammo men omi uni qani endi oʻqiy olsam, tishim oʻtsa. Ota-bobolarimizdan qolgan bu harflarning har nuqtasi ortida yashirinib yotgan olam-olam ma’nolardan bebahra tubsiz jarga itqitib yuborilgan bolakayday nochor-notavon turar edim.

Birdan yuragimda hadik uygʻonib, oʻzimni yanayam ojiz-notavon his etdim: mujdaxat ham shu yozuvda boʻlsa-chi?..

Bir qaychi topib, xatgʻilofning chekkasini qirqdim. Ichidan bir varaq xat (Vo darigʻ, chindanam men kutgan yozuvda ekan!) va yana tumorxat (xat ichidagi xat) chiqdi.

Ikkisini boshqa-boshqa odam yozgandek. Kimlardan ekan? Oʻzimni koyirga soʻz topolmay turibman. Eh, biz shoʻrpeshonalar. Oʻzimizni ziyoli sanasak-da, otalarimiz yozuvini oʻqiy olmasak! Men umrimda birinchi marta boshqacha bir alam tuydim. Qattiq alam. Men uchun eng aziz kishilar ishonib, xabar topganlaridan boshlari koʻkka yetib bir mujda yoʻllashsa-yu, men uni oʻqiy olmay oʻtirsam!.. Omi odamday, notavonday... Shu qadar biz gumroh boʻldikmi? Boshqa yoqqa, boshqa qavmga shu qadar ergashib ketdikmi, tomirlarimizni unutdikmi?

Nima qilsam ekan? Kimga oʻqitaman endi? Balki birov bilib, birov bilmasligi lozim boʻlgan gaplardir. Maxfiydir. Yolgʻiz oʻzimga atalgandir?

Unday desam, shuni olsam ham olaman, olmasam ham olaman deb kennoyimga yetisholmagan, oʻziga atalgan chimildikdarga kirolmagan Bahriddin akamning topi-lishi-chi? Shuncha yildan keyin daragi chiqadi-yu... (Hov, bu dunyoning ishlari teskariligini koʻring! Akam oshnasining qotillarini topguncha nimalar qilmab edi?! Parpi bebaxtni ne koʻylarga solmab edi!) demak, oʻlgani ham bekor, orqasidan kelgan qora xat ham bekor ekan-da! Shunday boʻlib chiqadimi? Oʻnda, unda men pandavaqi nima qilib bir uyga qamalvolib oʻtiribman? Uning xabarini yashirib oʻtiribman?! Vaholanki, oyimlarning oldilariga chopsam arziydi-ku. Suyunchilab qarindoshlarga chiqsam arziydi-ku! Axir hazilakam voqeami bu?! Axir oʻsha nikoh xudoning nazdida ham, aslida ham bekor boʻlmagan ekan-ku! Kennoyim, mening aziz Margʻu kennoyim oʻsha birinchi nikohidagi odam bilan topishibdi-ku! Buni hammadan burun oyimlarga aytmasam kimga aytaman! Chopdim!

Eshik-derazalarini yopib, pardalarini tushirib olgan uyimdan otilib chiqsam, oyim pastdagi salqin ayvonchamizda farishtadekkina boʻlib, (shashadoka roʻmollarini boshlariga tashlasalaroq shunday oq-oppoq boʻlib, oyparchadek boʻlib qoladilar) oʻsha qalin muqovali ulugʻ kitobni hijjalab oʻqib oʻtiribdilar. Vallazina moʻminina...

Qiroatlari quloqlarimga moydek yoqib gʻalati tortib ketdim. Va oʻzim ajab bir xotirjam tortib qoldim.

Darvoqe, oyimning oʻzlari-chi? Tatalab boʻlsa-da, oʻqib berishlari mumkin-ku, axir. Bu xabarni eshitib bir quvonsinlar, bir quvonsinlar, bir yerlarga yetib duo qilsinlar. Zinadan sakradim.
— Suyunchi bering, oyi! Kimdan xat kelibdi! — dedim oʻsha uzun xatgʻilofni boshim uzra silkiy-silkiy oldilariga yugurdim. Yaxshiyam, hammasini birdan aytmaganim! Bahriddin akam tirik demaganim! Yuraklarini yorib yuborarmi edim!

Oyim tizzalaridagi kitobni yopmay ham koʻzoynaklari tepasidan ajablanib qaradilar. Xursandligimni koʻrib, jilmaydilar.
— Suyunchilikka yetkazsin hammani ham, ilohim. Kimdan deding?

Men endi aytavursam boʻladi deb oʻylab:
— Rahmatli Asol xolamning... — dedim-u, u yogʻini aytolmay qoldim. Asrandilari deyishimni ham, arzandalari deyishimni ham bilmasdim. Bahriddin akam deyishga-ku yuragim dov bermayotir. Yotigʻi bilan aytishga soʻz qidirib topolmasdim. Ammo oyim anglab, birdan shoshib qoldilar.
— Voy, pochchadanmi? Mukarram qori akadan-a?
— Yoʻq, oyi. U kishining oʻgʻillaridan. Oʻsha toʻyida bedarak ketgan-chi...
— Bahriddindan-a? — oyim azza-bazza quloqlarini ishqab, koʻzoynaklarini qoʻllariga oldilar. — Ulgani, qora xatlar kelgani bekor ekanmi?
— Bekor ekan, oyi! Tirik ekanlar u kishi! Mana, qarang xat berib yuboribdilar, — dedim ichimga sigʻdirolmay axiyri.
— Yo qodir Olloh!!. Opam tan olmaganlaricha bor ekanmi?! Oʻlgunlaricha ham nomini tildan qoʻymaganlaricha bor ekanmi? Asrayman desa, qirq yil qirgʻin boʻlsa asrarkanda Xudoyimning oʻzi... — deb turib birdan tizzalaridagi kitobni qoʻshqoʻllab koʻtarib unga yuzlarini bosgancha jim qoldilar. Bilmadim, uning sahifalariyu oyatlarini koʻzlariga toʻtiyo qilib surtarmidilar, oʻparmidilar. Yo Ollohga shukronalar aytib duolar qilarmidilar. Oʻziga yigʻlab-siqtarmidilar. Lekin miq etib tovushlari chiqmas, mana, hozir yelkalari silkinib-silkinib yigʻlab yuboradiganday edilar. Men ham qarshilarida choʻkkalagancha qolganman, «oyi-oyi»lab yupatarimni ham, tinchlantirarimni ham bilmayman. Ammo yuragim toʻlib borayotir, koʻzlarimdan sitilib oqmaguncha yengil tortmaydigandekman.

Nihoyat oyim yuzlarini u ulugʻ kitobdan olib, yenglarini mijjalariga bosdilaru oʻkrab yubordilar.
— O, opaginam, avliyo ekansiz-u, biz bilmabmiz! Chirogʻbonim qaydasan deb chaqirardingiz, Siz chaqirsangiz biz qoʻshilishib boʻzlabmiz-u, yoningizga kirib chaqirishmabmiz. U esa tirik ekan. Tirik turib xabarini berolmayotgan ekan, boyaqish, — deb yigʻlar edilar, busiz ham qisiq tortib ketgan koʻzlaridan du-villab yoshlar oqib kelaverar, tinaqolmas edi.
— Qani, qaerlarni vatan tutib qolgan ekan, oʻqi, bolam, — dedilar axiyri koʻz yoshlarini kaftlari bilan artib.
— Tishim oʻtsa koshki edi, oyi, — dedim dardimni yorib.
— Ha-a, darvoqe, u harfda ekanmi? — dedilar oyim va xatni avaylab qoʻllariga olib, yuz-koʻzlariga surta boshladilar. — Xudo-oy, koʻrsatganingga shukr. Tirik ekanin bildirganingga shukr. Goʻrlarida tinch yotadigan boʻptilar opam ham...
— Oʻqib koʻring, oyi, mana, koʻzoynagingiz. Balki qiyin emasdir sizga, — deb qistay boshladim alohal.

Oyim koʻzoynaklarini olishga oldilar, taqishga takdilar, ra’yimni qaytarolmayin koʻz yugurtirdilar-u, ammo oʻqishga sabrlari chidamadi.
— Yoʻq, bolam, koshki mening yuragim ilgarigiday boʻlsa. Koʻtarmaydi. Yaxshisi, togʻashta opchiq. Yoki pochchangga olib bor. Ular har holda erkak kishi. Diydasi ham, yuragi ham dosh beradi. Bizga ishonma. Bizning ichimiz tugab, suvratimiz qolgan.
— Unday demang, oyi. Shunday oʻtirganingizga ming shukrlar. Siz bizning katta davlatimiz-ku, — deb yubordim men.
— Rahmat, bolam, rohatlaringni koʻrsatganiga shukr. Oʻziga shukr. Buni oʻshalarga obboraqol.
— Yaxshi, oyi. Togʻamni topsam togʻamga, boʻlmasa pochchaga olib boraman, — dedim ularni tinchlantirib. Ammo tashqariga chiqib turib qoldim. Qoʻldosh togʻamlarnikiga oʻtishga negadir hech koʻnglim boʻlmadi. Negaki, u kishi... bu tarixni yaxshi bilmay (u paytda urushda yurganlarini unutib qoʻyadilar, shekilli), hamisha Sultonmurod akamni yomonotliq qilib keladilar: «Pochcha, oqlamang uni! Sayoq yurib ketgan uningiz! Oxiri ham zotimizga yarashadigan ish qilib ketmadi. Birovning nikohidagi ojizani yoʻldan urib ketish, Xudovandi Karim ham kechirmaydigan gunoh!» deb gaplarini ma’qullaganlari-ma’qullagan. Bu xatni opchiqsam, bir karra ensalari qotsa kerak. Yaxshisi... yoʻlakay bozor-oʻchar qilaman-da, Beshqayragʻochga (oʻsha sobiq Qurbaqaobodga) oʻtib, Nusrat pochchani ziyorat qilib kelaman. Anchadan buyon borganim yoʻq, xursand boʻladilar. Keyin, u kishi tushunadilar ham...

Borsam, pochcha, ikkala yenglari shimarigʻliq, qoʻllarida boʻyni uzun, joʻmragi undan uzun eski mis obdasta (hoynahoy Bobur zamonidan qolgan. Oʻzlariyam: «Ona tomondan Boburshohning togʻalariga borib tutashamiz. Boburshohning tilla banddi qilichini oyimgilar sandiqlarida asraguvchi edilar, shoʻrolarning kov-kovida olib chiqib ketishgan, deb aytib oʻtirardilar)... Oʻsha qadim obdasta, tahorat olib, hovlida kelayotgan ekanlar, koʻrib, yuzlari oy balqiganday yorishib ketdi. U kishining yuzlari shunaqa, kamdan-kam taqvodor odamlarga nasib etadigan bir nur ichdan jilolanib turgani-turgan. Oʻzlarining halim tortib ketganlari-chi, avvalgidanam shirinsuxan boʻlib qolganlari-chi? Oyim, bu hammasi namozdan, taqvodan, deydilar. Agar habash ham Nusrat pochchadek taqvodor boʻlolsa, uning ham yuzi shunaqa koʻhlik tortib ketar edi, deb qoʻyadilar.
— Oʻ-oʻ, qarogʻim, qarogʻim. Tomirimning tomiri, Mahmudxoʻjaning oʻchoqboni. Kel, boʻtam, kel. Oʻzi kiprigim uchib turuvdi, kimni koʻrarkanman, deb turuvdim. Salomxon eson-omonmi, bolalaring tinchmi, oʻzing Toshkentga qaytib, ishlarga joylashib ketdingmi? Hay, yaxshi yoʻqlab kepsan-da. Balli, balli, ota oʻgʻil, — deya alqay ketdilar. — Hoy, Sanobar, qara, kim kepti, bizni yoʻqlab. He-ey, bola-ya, bozor qilib, narsa koʻtarib yurishing nimasi? Biz diydor quli-miz, oqibat qulimiz. Qarichilik, oʻzimiz yetolmaymiz, sogʻinamizki, u yogʻi yoʻq.

Ichkaridan farishtaday boʻlib, yuzlaridan oʻsha-oʻsha muloyimlik, nur yogʻilib, xolam chiqib keldilar.
— I-i, uni qaranglar, singilginamning yolgʻizginasi, ishongan bogʻi, suyangan togʻi-ku. Voy xolaginang oʻrgilsin. Boʻylaringga qoqindiq. Qanday shamollar uchira qoldi. Salomxon yaxshimi oʻzi, nimaga opkelavurmading oyingni?..

Dasturxon yoyilib, choy kelguncha pochcha ham asr namozini oʻqib chiqdilar. Biz salom berib, oʻrnimizdan turdik. Oʻ kishi harsillab-pishillab alik oldilar:
— Va alaykum assalom va rohmatullohi va baroka-tuh. Koʻ-oʻp yaxshi ish qipsanda kelib. Biz ham gʻanimatmiz, shunaqa yoʻqlab turinglar. Uzilishib ketmaysizlar keyin. Balli-balli. Qadamlaringga hasa-not. Qani, ol, manavi noz-ne’matlardan. Endi bizniki boʻldi. Qisinma, yetkazganiga shukr.

Soʻng xolam turib, uy ishlariga unnay ketgach, pochcha menga ma’noli nazar tashlab olib:
— Xoʻ-oʻsh, nechuk, qanday shamollar uchirdi? Qangʻlilarda tinchlikmi? — dedilar.

Mavridi kelganini anglab, uyatligina bosh silkidim:
— Shu ichimga sigʻdirolmay-sigʻdirolmay... Sizdan boʻlak kimga ham bordim, deb kelavurdim.
— Yaxshilik xabarmi, ishqilib? — dedilar pochcha sal xavotirlanib.
— Yaxshilik ham gapmi, suyunchilik!
— Yo Olloh! Suyunchilikka yetkazsin hammaniyam. Koʻzim behuda uchmagan ekan unda.

Qari odamning yuragini yorib yubormayin, deb gapni uzoqdan boshladim:
— Yoʻqotgan odamlarimizning daragi chiqibdi, pochcha. Ishonasizmi, shunga?
— Kimlarni aytmoqdasan, Maqsudxoʻja? Qaerdan olding bu gapni? — U kishi xumdek boshlarini chayqab, oʻzlariga bir yarashgan soqollarini barmoqlari bilan damo-dam tarab qoʻydilar.
— Xorijda qolib ketgan qarindoshlarimiz... mujda yoʻllashibdi.

Pochcha hovliqib qoldilar.
— Subhonalloh! Kim ekan? Sultonmurodmi?
— Yoʻq, Bahriddin akam.
— Astagʻfirulloh! Qaysi Bahriddin? Mukarram pochchaning...
— Ha-ha, Asol xolamning yolgʻiz dilbandlari...
— U axir...
— Yoʻq, oʻlganiyam bekor ekan, qora xatiyam, pochcha.
— Yo qodir Olloh! La havla va la quvvata... Oʻzi asragan ekanmi? — Pochcha hayratlanib, mamnun tortib, yuzimga tikildilar.
— Asragan ekan, mana maktublari. — Men qoʻyin choʻntagimdan mujdaxatni olmoqqa tutindim. — Ochigʻi, bunday yozuvlarga tishim oʻtmay, sizga olib kelavurdim, pochcha.

Men u kishiga yolgʻiz varaqdagi xatni uzatib, tumorchasini har ehtimolga qarshi gʻilofida qoldirdim.
— Hay-hay, koʻp tabarruk yerlardan, paygʻambarimiz yurtlaridan mozor bosib kelgan ekan-ku. Koʻzga toʻtiyo qilsa arziydi-ku! — Pochcha azza-bazza koʻzlariga surtib, oʻpib qoʻydilar-da, birdan xolamni chaqirishga tushdilar. — Hoy, Sanobar, qanisan, qaerdasan? Bu yoqqa qara, axir. Jiyaningni xabari chiqibdi. Xatlar kelibdi.
— Kim dediyiz? — deb xolam kirib keldilaru eshitib koʻzyosh qilib oʻtirib qoldilar. — Voy, opam boyaqish, shu kunlarga yetolmay ketdilarmi?! Tirik ekanini eshitolmay ketdilarmi? Eshitsalar qay yerlarga yetmas edilar...

Pochcha xolamni zoʻrgʻa yupatib, xatni oʻqishga tutundilar.

«Bismillahir rohmanir rohiym.

Uzo-oq va jondanda yaqin ota yurtga, biz musofirdiydalar choʻng sogʻingan u azizlara yetib ma’lum boʻlsinkim, bizkim azza va jalla Tangri taoloning marhamatiyu inoyati-la bu muazzam mamlakatning muborak Jidda shahrida istiqomat qilayotirmiz. Asli tavallud yurtimiz Toshkandi musulmonobodda Yakkabogʻ, Qangʻli otli jannat manzillar bor edikim, biz oʻshal diyorda er yetib, padari buzrukvorimiz hamda volidai mehribonimiz, qon-qardoshlar bagʻrida oʻynab-kulib yurgan insonlar erdik. Xudovandi Karim taqdirda yozgani shul erkan, qirgʻinbarot janggohlardanda omon chiqordi, koʻ-oʻp sargardonliklar soʻngida, shukrkim, shul yurtda qoʻnim toptirdi...»
— Moshaolloh-moshaolloh! Oʻzi asrayman desa, shu ekan-da, qirq yil qirgʻin boʻlsa asrarkan-da, — dedilar pochcha qudrati ilohiyga iymon keltirib. — Chindanda barcha hikmatlar yolgʻiz Oʻziga xosdir. Bizga nima ham berilibdi. Parpi otib qoʻyganman desa, ishonib-la oʻtiribmiz. Janoza ochib, koʻmib-la, kelib yuribmiz. Astagʻfirulloh, astagʻfirulloh, Mirhomid qora xat keldi desa, ungayam bir ishonibmiz. Bu esa, u yoqda ekan. Yo qudratingdan!..

Pochcha nafas rostlab olib, koʻzoynakni toʻgʻirlab qoʻydilar-da, yana oʻqishga beriddilar:

«Ukaginam, jigarginam Maqsudxoʻja. Sen haqingda kelinoying koʻ-oʻp yodlaydi. Asol oyimni, Salom xolamlarni eslab, koʻ-oʻp esi ketadi. (Hoʻ-oʻy, koʻr taqdir-a, Asol opam kimning dardida kuyib ado boʻptilar, deb qoʻydilar pochcha.) U jannatiy bogʻlar, soylarni, bolaligimiz kechgan ma’volarni qaytib bir koʻrsagu soʻng jon taslim etib, omonatini topshirsak, mayli edi. Bearmon ketardik. Ammo qaytarga qani yoʻl, siz azizlarning diydoringizga yetarga qani imkon?

Balki Ollohim tirik qoldirgani, nikohimdagi Margʻubabonuni qayta yetkazgani evaziga sizlar ila diydorni qiyomatga qoldirgandir. Yana Tangrining oʻzi yaxshiroq bilgay...»
— Vooh! — deb yubordilar pochcha. — Oʻsha kelin, kashmiri kelin borib-kelib, qochib-quvib, Sultonmurodgamas oʻziga nasib etibdimi? Ye qodir Olloh! Bu ne sinoat?!

«Sening yozgan bitigingdagi u tanish tasvirlar, aziz yurtimizning tiniq suvrat-chizgilaridan tanib qoldik. Sen jimitdek bolakay, Salom xolamning qorakoʻz kenjasi — pakana parini yozuvingdan, Qangʻliyu Achchi tasvirlaridan, qissangdagi odamlardan tanib oldik. Taniqli odam, katta yozuvchi yetishibsan, deb oʻzimiz haqda shu mujdani yoʻlladik. Shoyad sen oʻz jigarimiz boʻlib chiqsang. Ertayu kech duoi joningni qilib oʻltiribmiz.

Zora u mushtipargina volidamizdan, xolalarimu togʻalarimdan biron mujda ololsam, deb Tangri taologa munojotlar qilib qolgayman.

Shuncha mushkullarimizni oson qilgan yo Olloh!

Rizqimizni keng, qalblarimizni oʻzingga muhabbatli qilib qoʻygan yo Olloh!

Bu judolik manzilida oʻzingning eng sabrli bandalaring qatoriga qoʻshib, inoyatlaringni darigʻ tutmagan yo Olloh! Bu iltijolarimiznida oʻzing qabul ayla! Jigarlarimizning daragini oʻzing chiqarib turibsan, ular bilan uzulgan rishtalarnida bogʻlashga, yuz koʻrishga oʻzing yoʻl ber, ijobatlar qil. Diydorni oxiratga qoldirma.

Assalomu alaykum tugʻushqonlarim!

Mujdaxatga aziz kelinoyingning nomasini ham qoʻshdim. Undan sizga koʻpdan-koʻp duoi salomlar ila,

Bahriddinxoʻja Mukarramxoʻja oʻgʻli.

Jidda, safar oyi».
— Hoʻ-oʻy, darigʻ! Biz yitdi-ketdi deb yurganlarning xabari chiqib turganda Sultonmurod jigarimiz qaylarda qoldi ekan?.. Tegirmonga tushsa butun chiqadigan yigit nom-nishon bermasa-ya oʻzidan. Axir, qancha yil, qancha zamon kechyapti. Yomon boʻldi, yomon. — Pochcha bir ta’sirlanib ketsalar, toʻxtatib boʻlmasdi: bosh chayqab-chayqab, engah silab-silab bir gapni takrorlayverar, «hoʻ-oʻy»lab qolar edilar.— Hoʻ-oʻy, yomon boʻldi, yomon. Uyat boʻldi, uyat, uvol ketdi, uvol...
— Shoshmang, pochcha, bu yoqda yana bittasi bor xatning. Balki undan bir darak chiqib qolar, — dedim tumor xatchani uzatib: — Mana.

U kishi xatchani olishga olib, taraddudlanib qoldilar:
— Darvoqe, bu kashmiri kelinimizdanmi? U Jiddada qaydan paydo boʻlib qolibdi ayol boshi bilan?

Birov bilan ketib, birinchi nikohidagi eri bilan topishib tursa, juda qiziq-ku! Astagʻfirulloh!
— Oʻqing, oʻqib koʻring. Balki biron gap aytar, — dedim shoshirib.
— Vallohi a’lam, Xudo haqqi, hech narsa tushunolmadim. Nima bu — taqdirdan — azal yozmishdan qochib boʻlmas, deganlari shu boʻlsa kerak-da. — Pochcha kattakon kaftlari bilan ot yuzlarini ishqab, soqollarini tutamlab-silab qoʻydilar-da, tumor xatni yozdilar.

«Bismillohir rohmanir rohiym.

Bizni yoʻqotib qoʻyib, Xudovandi Karimdan mujdalar soʻrab yotgan siz azizlarga duoi salomlarimni yoʻllagayman.

Aziz qaynim, qaynijonim. Bu menman: oʻshal yeru koʻkka ishonmagan Margʻu kelinbuvingizman. Olloh bizning rizqu nasibamizni shul yoqlarga sochgan ekan, oʻziga mingdan-ming adad shukrlar boʻlsin, shul shaharda istiqomat etib turibmiz.

Qaynim, qaynijonim, siz tushungaysiz. Bir ogʻiz soʻzimdan ne demagimni yolgʻiz siz anglab yetgaysiz. «Qul lan yusinbano illa ma kitaballohu!» — «Olloh taolo taqdir aylagan narsagina bizga nasib boʻlgʻay», ortigʻi ortiq ekan.

U kishi (akaginangiz)... koʻzlari ochiq ketdi. Oʻz yurtimizda yetmagan tilaklariga yetay deganda Sharqiy Turkiston ozodligini koʻrib-koʻrmay shahid ketmak bor ekan taqdirlarida. Marshal Sogʻuniy tarafdorlariga kelib qoʻshilgan edilar. Bahriddin akangiz tirik ekanlarini eshitgach, yolgʻiz umidlari Olloh yoʻlida jihod etib, shahid ketishu jannatiga doxil boʻlish boʻlib qoldi. Oʻzini oʻtga urgan parvonadek, kofirlar toʻdasiga tashlana-tashlana, oxiri niyatga yetibdilar. Bir zamonlar Yoqubbeklar shu yoʻl, shu dovonlardan oshib kelib, Qashqarda davlat qurgan, deb aytar edilar. Tarixni qara, taqdirni qara, endi biz kelyapmiz, derdilar. Yoʻllari ham, niyatlari ham bir chiqdi. Goʻrlari ham (Ilohim, jannat bogʻlariga ochilgan bir darchadek nurga toʻlsin) oʻsha yoqda qoldi, qaynijonim. Asray olmadik u kishini. Men boyaqishni la’natlamagaysiz. Faqat yolgʻiz oʻtinchlari: «Seni jannatda topmoqni Xudovandi Karimdan soʻragayman, Margʻu», debdilar u zot, shu boʻlibdi oʻtinchlari...»

Men oʻzimni zoʻrgʻa bosib oʻtiribman. Ichimda: «Yo Xudo, uning niyatlarini mustajob qilgaysan» deb oʻkrab yuborgudekman.

«Men baxtiqaroni kechirgaysizlar, kechirgaysizlar. Shunday qarchigʻaydek odam, sarkarda boʻladurgan zot edilar! U yurtlarga lozim ermasmidi oʻzlari?! Nega sigʻmadilar oʻz yurtlariga?!

Qayniginam, qaynijonim! Mening sizga yolgʻiz oʻtinchim — u judolik manzilida kechgan koʻp voqealardan siz xabardorsiz, uncha-muncha haqiqatni bilasiz, toʻgʻrisini ham bilib qoʻysangiz, yomon boʻlmaydi. Oʻsha qiz uzatib ketishayotib, men yoʻqolgan kecha... Oʻzi bir kitob. Avvalo, Olloh kechirsin. Qolavursa, oyim va yana boshqalar. Oʻsha topda koʻzimga akangizdan, unga bergan va’damdan boʻlak hech narsa koʻrinmab edi. Oʻsha koʻrligimga borib, tushgan tuzogʻimni koʻrsangiz!.. Oʻsha titroq, oʻsha yurak hovuchlab chopishda Tegirmonboshida kutib turgan otliqni akangizning elchilari fahmlab, otlariga mingasha qolibman-u, keyingi sarsonlik, talvasa, qoch-qoch, quv-quvlarini koʻrsangiz!..

Akangizning elchilaridan ilgariroq otni qamchilaganlar, koʻprikni buzib qoʻyib, meni tuzogʻiga tushirishga urinib yotganlar bor ekan, bilmabman. Xayriyat, Xudo bir asradi. Chaman akangiz Toyir elchi bilan yetib kelib, Akmal oʻrisning changalidan qutqarib ketdi. Boʻlmasa, oʻlgan ekanman, sharmandai sharmisor boʻlgan ekanman.

Aytmoqchi, Chaman akangiz yurtga qaytish tadorikida yurgan edilar. Koʻrinmay-la qoldilar. Yetib oldilarmikan?..

Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!»

Koʻzimda jiqqa yosh bilan, turib ketarimni ham, bosh koʻtarib pochchaga qararimni ham bilmayman. Lekin ichim kuyib ketyapti, yonib ketyapti. Negadir shunday xoʻrlik bosib kelyaptiki...
— Chaman degani?.. — Pochcha koʻzimga qarab, ahvolimni tushunib, bir daqiqa jim qoldilar, oʻzlari ham ta’sirlanib, ogʻir qoʻzgʻalib qoʻydilar. Soʻng yana soʻradilar: — Chaman degani oʻsha ayrilmas doʻstimi? Uyam birga ekanmi?
— Oʻsha, pochcha, oʻsha... — «Oʻsha nobakor» demoqchi boʻldim-u, aytolmadim.
— Sen uni allaqachon qaytgan deb oʻylaysanmi? — dedilar pochcha hayratlanib. — Kelsa, koʻrinish bersa kerak edi-ku.
— Xat yetib kelgan... tirik odam qorasini koʻrsatib qoʻymapti-ku, — dedim shuncha paytdan beri bir-rov xabar bermaganidan jigʻibiyronim chiqib.

Pochcha bosh chayqadilar:
— Unday dema, dunyoda gumondan yomon narsa yoʻq.
— Odamga alam qiladi-da, — dedim oʻzimni bosolmay.
— Yoʻq, bu alamingni ichingga yut. Sultonmurodning yozugʻi shunday boʻlsa, unda nima ayb? — dedilar pochcha,
— U sababday... koʻrinaveradi menga, — dedim ichimdagini yashirolmay.
— Unida sababchi qilib qoʻygan kim? Ollohning oʻzi!
— Ulugʻ gunohga qolganini bilmaydimi?
— Balki bilar ham. Yolgʻizlik qilgan, qoʻli kalta qolgandir. Ich-etini yeb yurgandir. Birovga oson tutib boʻladimi, jiyan? Kelsa, eshitarmiz, bilarmiz.

Men «qaydam, bilmadim-ov» degim keldi-yu, jim qola qoldim.

Pochcha xatni xontaxta ustiga qoʻyib, oʻrnashib oʻtirdilar-da:
— Ey Xudovandi Karim! Oʻzing buyuksan, oʻzing mavlosan. Biz ojizmiz, sen qodirsan, biz nodonmiz, sen donosan va oʻzing barcha gʻaybdan voqifsan. Shu topda dilimizdan oʻtib, koʻnglimizdan kechib turgan oʻylardan tortib, har neki sodir boʻlsa, oʻzing xabardorsan. Oʻsha jigarbandimiz, tomirimizning tomiri— sening quling, otalariga tortib jihodga chiqibdi, sen yuborgan, biz tanlagan din uchunda kurashib, sharafli oʻlim topibdi, ilohim, bilib-bilmay qilgan gunohlarini magʻfirat etib, u dunyosini oʻzing yorlaqagin. Jannatingning eng yuqori koʻshklaridan ato etgin. Bu dunyoda koʻrmagan roʻshnoliklariga, ushalmagan niyatlariga oʻzing yetkazgin, Va shu inoyatingga musharraf boʻlganini koʻrmokdikni biz qullaringgada nasib etgin. Omin, yo Arhamar Rohimiyn, — deya yuzlariga fotiha tortib, ketidan uning ruhi pokiga bagʻishlab, qiroat-la tilovat boshlab yubordilar.

Pochcha berilib, borliqlarini baxshida etib tilovat qilyaptilaru, nazarimda, atrofimdagi butun borliq omin deya qoʻllab turgandek.

Shu dam quloqlarim ostida allatovur bir qur-qur tovushlari bilan koʻz oldimdan qanotlari oq jujunday yarqirab, oʻshal qushlar — hov anuv oq qushlar ohista-ohista suzib oʻta boshladilar.

Tavba, Chindanda gʻalati. Oʻsha bolaligim kechgan joylarga yaqin borib qoldim deguncha yoxud ota qadrdonlarimu aziz qarindoshlarimni uchratdim deguncha, bu oq qushlar mening olamimga charx urib kirib kela boshlaydilar. Hov oʻsha oydin kechada, oʻsha xaroba qoʻrgʻon ustidan pastlab kelgan oq turnalardek, atrofini sambit gullar tutib yotgan tashlandiq hovuzimizga qoʻr toʻkkani kabi.

Oʻzimni esa, tushuniksiz bir mung qamrab oladi-da, ich-ichimdan xoʻrsiniq-la bir sogʻinch hislari toshib chiqaveradi, toshib chiqaveradi. Oʻzim oʻsha diyorga shu qushlar-la uchib ketgim kelaveradi, kelaveradi. Necha kungachayam hech yerga sigʻmay yuraman. Nima bu? Nimadan ayon berib, gir aylanmoqdalar bu oq qushlar?

Ana, ular okdan ham oq qanotlarini yoyib, ohista aylangancha, oʻsha, qadim makonga qoʻnmoqchi boʻlib pastlab keldilar-u, yana osmonlab ketdilar. Begonasirab «qur-qur»lab borayotgan bu ovozlarni allavaqtga qadar eshitib turaman. Nima bu? Nimadan darak bermoqdalar ular?..

Axiyri pochchadan soʻrashga jur'at etdim.
— Hoʻ-oʻy, boʻtam-a! Shuncha voqealar kechadiyu oʻtganlarning ruhi tinch yotadimi?! Shunday manzillarimizdan ayrilib, ulardan hatto azon tovushlari eshitilmay qoladi-yu, ruhlar chirqiramaydimi?! Biz jimmiz, boʻtam, ammo oʻtganlarning ruhi notinch...

Tavba. Qodir Olloh solih bandalari uchun biz yoʻqotgan diyorlardanda ming chandon koʻrimliroq bir diyor — jannatini tayyorlab qoʻyganini bilib turib ham bundan kecholmaymiz. Koʻnikolmaymiz hech. Nega? Bu dunyo bor-yoʻgʻi judolik diyori ekanini tan olgimiz kelmaydi. Mangu diyorga yetsakkina unutamizmi? Yana Olloh oʻzi yaxshiroq bilgay.

Chindan bu dunyoni boshqarib turgan ulugʻ kuch bor-ki...

Uyga kelsam, keliningiz yangi gap topib oʻtiribdi. Notanish bir odam meni soʻroqlab kelganmish:

«Qani bizning pakana pari, uyda oʻtiradimi-yoʻqmi?!» deganmish dabdurustdan.

Yuragim jiz etib, hovliqa boshladi.
— Kutib-kutib ketdi. Shuncha qistasak, kirmadi. Mavridi bilan bir kelarman, dedi.
— Shoshma, koʻrinishi qanday?.. Shu atroflikmi — Saida yelkasini qisib, tushuntirishga urindi.
— Qanday desam, oʻrta yashar, istarasi issiqqina, oʻzini erkin tutyapti. Lekin bu atrofning odami emas. Faqat...
— Nima faqat?
— Faqat boshidagi oq kepkasini olmasa, oʻzbek demaysiz...
— Oq kepka?!
— Ha, oq, yap-yangi kepka.
— Yo qudratingdan! Ohimiz Tangriga yetib, oʻzi ijobat etmoqdami? Chaman aka-ku!.. — dedim doʻppimni osmonga otgudek boʻlib.

Qora duxobaga injular qadalgandek magʻrib osmonida... yopiray!.. hov oʻsha kelin yoʻqolgan kechadagidek bir haftalik yangi oy balqib, tilla tojdek yonib-yaraqlab koʻzni olar, haybatli bir zot nim tabassum-la qarab turganga oʻxshar edi.
— Alhamdulilloh, alhamdulilloh, oʻzingga ming qatla shukrlar, — deya oldim, xolos.

Birinchi kitob bitdi.

NAJOT FARISHTASI

Ikkinchi kitobdan ilk bob

Sultonmurodning oʻtinchlari

Biz tomonlarda shunday naql bor: bitta oʻzbek — Oʻzbek, ikkita oʻzbek — bedana, uchta oʻzbek — choyxona. Fargʻonadan diltortar ogʻaynilar kelishgan ekan, shuncha uyga qistasam, boʻlmadi. Axiyri, yaqinroq bir choyxonaga osh buyurdik. Ikki soatgina otamlashib qaytsam, bu yoqda rosa ilhaq boʻlib kutishayotgan ekan.
— Voy, adasi-ey, yurishingizam bor boʻlsin. Qayoqlarda edingiz? — dedi Saida ostonadanoq.
— Tinchlikmi? — deya kovshandozga qaradim, ammo begona oyoq kiyim koʻrinmasdi.
— Oʻsha odam yana yoʻqlab keldi.
— Qaysi odam?.. Oq kepkami?

Xotinim bosh silkidi.
— Faqat bu gal kepkasini tashlab...
— Qani? Ahmadxoʻja qaerda edi, bolalaring qaerda edi? Uyga opkirib, birpas kutmaydimi bularing! Shunday mehmonni joʻnattirib yuboradimi? Qanday...
— Voy, qiziqsiz-a, oʻlibmiz-da. Abdullaxoʻjangiz qoʻyarda-qoʻymay olib kirdi. Bitta osh qildik. Oʻrningizni bilintirmay olib oʻtirdi shuncha. Siz kelavermagach... manavi omonatlarni tashlab ketibdi, — Saida jimitdek «mezbonqogʻoz» bilan silliq, lekin sal sargʻayinqiragan xatgʻilofni tokchadan olib uzatdi. — Bu hafta albatta topib, uchrar emishsiz.

Xatni koʻrib, yuragim bir gʻalati orziqib tushdi. Xuddi uning ichida menga atalgan bitik emas, bir gʻalati nur bordayin edi. Men hayiqib, lekin apil-tapil ochishga kirishdim.

Xatgʻilof ancha uringan boʻlsa ham, ichidagi xat yangi, xuddi kecha bitilgandek edi. Men uni butun vujudim-la simirib, tik turganchayoq oʻqiy ketdim:

«Jondan aziz ukajonim, Maqsud, bu besh kunlik omonat dunyoni sizlarga tashlab keta turib, u ota yurtni, sizlarni, xolalarimu pochchalarimu togʻalarimni, bu dunyodan oʻtib ketgan barcha mahalladoshlarni esladim. Va Ulugʻxoʻjaboylar sulolasining bir umidli novdasi boʻlgan senga shu omonat gaplarimni qoldirgim keldi. Men bularni sendan boʻlak kimga ham aytay. Otam — padari buzrukvorimizni nima qilishgan, oʻzing bilasan. Men oʻgʻil boʻlib, farzand boʻlib, mozorlarini topib, bir kalima Qur'on tilovat qilishga yaray olmadim. Toʻgʻrirogʻi, yaratmadilar. Volidai mehribonimizni ham oʻzing bilasan, na bizning baxtimizni, na bir roʻshnolikni koʻrdilar. Otamizning ketidan kuyib oʻtib ketdilar. Yozugʻlari shu ekan... Munis-mushfiq xolalarimning diydorlarini koʻrmoq esa, qiyomatga qolyapti, ukaginam. Men buni yaxshi anglab turibman. Yoʻq, Maqsud, akam bu kurash, bu jihodga tushib, qaytmas yoʻlga— mangu diyorga ketayotganidan afsus-nadomatda ekan, deb oʻylama. Aksincha! Olloh roziligidan umidvorlik tufayli koʻnglimda bir yorugʻlik, bir xotirjamlik tuymoqdamanki, bu ham Yaratgan egamning menga buyuk marhamati, ne’matidir.

Oʻ, Maqsud-Maqsudgina ukam, sen bilsang edi, men botgan gunohlar yukining ogʻirligini va hozir shu togʻdek yukdan xalos boʻlib, musaffo boʻlib, pardek, parqudek yengil tortib yotganimni. Hammaga ham nasib qilsin-chi shunday intiho! Shunday xotirjamlik. Tashqarida dunyo oppoq oqlikka koʻmilib yotibdiyu, nazarimda, atrofdan bahoriy nasimlar bilan allaqanday mushku anbarlar hidi gurkirab kelayotganday. Bilmasam, bu jannatiy iforlar qaydan kelmoqda...

Maqsud, qoʻy, oʻzingni bos. Yigʻlama, yigʻlab kuzatma meni. Men senga armonlarimnimas, oʻz xatoyu gunohlarimni toʻkmoqdaman. Yolgʻiz Olloh va oʻzimgina biladigan gunohlarimni senga ishonib aytmoqdaman. Sen uzoqqa boradurgan yigitsan avlodimizda, tushunib olarsan deb oʻylayman. Yurtimizda kimlar meni qaroqchi deb atar, kimlar soʻnggi bosmachi, deb tavqi la’nat tamgʻasini bosib ham qoʻygandir. Balki, balki ba’zilar birovning toʻyini buzib, nikohidagi ayolini olib qochgan nobakor deb bilar. Lekin men, Xudovandi Karimga ming qatla shukrlarki, u gunohi azimga botib ulgurmadim. Mening gunohim boshqa narsada: bu dunyoda har neki Ollohning izni-irodasisiz boʻlmasligini unutib, Bahriddin oshnamning qasosini olmagunimcha qoʻymayman, deb qasam ichganim va shu niyat bilan bir bandaga bilib-bilmay zulm oʻtkazib qoʻyganimdir! Men sultonlar ham jur'at etolmaydigan bir jazoni inson bolasiga, Xudo oʻzi qoʻshqoʻllab urib qoʻygan kimsaga ravo koʻrib, yomon adashibman endi bilsam! U aslida ham beayb boʻlib chiqdi, Maqsud! Bahriddin akang chindan hayot ekan!

Ollohning inoyatini qaraki, u urushga ketib, asirga tushib, oʻshanaqasi xorijga oʻtib ketgan ekan. Ilgariroq, hali yurtdan chiqmay turib, buni eshitsam, balki jonim tovonimdan chiqib-la ketarmidi! Lekin hozir sen balki tushunmassan, tasavvur etolmassan, lekin men sevindim bir hisobda.

Margʻu kennoyingni Tangri taolo menga emas, men tufayli birinchi nikohidagi kishisiga erishtirishni taqdir etgan ekan, shungayam shukrlar aytaman. Shuning uchun ham Margʻu kennoyingni Bahriddinga yetkazishlarini vasiyat etdim. Meni oʻldiga chiqarishlarini... soʻradim (Olloh oʻzi kechirsin). Hali ham asrasa, yolgʻiz Olloh asrashi mumkin. Shu Ollohim Margʻu kennoyingning oʻrniga uningdek oy yuzli, bir farishtadek afiyfani yetkazdi, ustimda parvona qilib qoʻyibdiki, men uni ba’zan farishtami, inson bolasimi, ajrata olmay qolaman. Ha, u tufayli balki omon qolarman, balki nogiron. Lekin bu kunimdan shahidlik sharobini totib ketganim afzalmidi deb oʻylab ketaman ba’zan. Bu oʻtkinchi dunyo, uning hoy-havaslari muhabbat qoʻyishga arzimasligini sen ham hov keyin anglab yetgaysan, ukam.

Xudovandi Karim oʻzining haq dinini quvvatlantiradigan va adolatli saltanatlar quradigan Temurdek, Boburdek, Yoqubbekdek zotlarni necha yuz yilda bir chiqaradi, degan gapni rahmatli adamizdan eshitib edim. Ne baxtki, shunday zotlarga oʻxshash (balki men adashayotgandirman, balki chindanda bu buyuk baxtdir) Sogʻuniy janoblarining lashkarlariga qoʻshilishga urinib, jihod etish mengada nasib etdi.

Darvoqe, bir kecha oʻshal aziz yurtimizga sigʻmay, qochib-quvib, Boʻzsuv boʻylariyu Kattabogʻ etaklarini makon tutib yurgan mahallarimiz bir sir, bir sun'i gʻayb sodir boʻldiki, hali-hali unutolmayman. Men Bahriddin doʻstimning qasosini oldim, oʻligini topib, janozasini ochdirib, chin uyiga topshirib, ruhi poki oldida burchimni oʻtadim, deb yurganim bir paytda undan qora xat kelib, men oʻzimni tamom yoʻqotib, bir piri murshid, bir maslahatgoʻy istab qolgan kezlarimda roʻy berdi shu. Kechalari azbaroyi uyqum qochib-qochib ketar edi. Va bir kun yarim kechada qora chiroq yorugʻida mudrab oʻtirarkanman, eshik oʻrniga tutilgan adyolning bir cheti asta koʻtarilib, yertoʻlaga oppoq kiyimdagi padari buzrukvorimiz kirib keldilar va (Tavba, men turay deyman-u, turolmayman, qaddimni koʻtara olmayman. Salom beray deyman-u, ovozim chiqmaydi. Ammo ichim toʻlib, koʻzimdan duvillab yosh kelyaptiki, naryogʻi yoʻq) oʻsha yerda toʻxtab: «Boʻtam, bunaqa mushkul damlarda yolgʻiz kimga nolayu iltijo qilmoqlarini bilmaysizmi? Unutdingizmi?» deb turibdilar. Aniq-tiniq eshitdim. Padari buzrukvorimizning halimdan-halim, xotirjamdan-xotirjam ovozlari edi...

Seskanib koʻzimni ochsam, yertoʻlada jimjitlik. Qora chiroq osuda yonib turibdi. Faqat adyolning bir cheti... xuddi hozirgina birov chiqib ketganday sezilar-sezilmas silkinar, tiq etgan tovush eshitilmas edi. Yo, qudratingdan, oʻzi belgi bermoqda-ku, dedim-da, tura solib, tashqariga chiqib, tahorat olib keldim va ikki rakat hojat namoz oʻqib, Parvardigori Olamga nolayu iltijo qila ketdim.

Yigʻladim, siqtadim. Oʻzim bildimu yolgʻiz Olloh bildi. Keyin yotib uxlab qolibman. Bir mahal tushimda... karvon bilan dovon oshib, kunchiqar mamlakatiga ketayotgan emishmiz. Yonimda — shu tanishlar. Yo qudratingdan! Oʻzi yoʻl koʻrsatdi-ya, Oʻzi.

Mana endi, Bahriddinning ham daragi chiqib turibdi! Margʻuba esa... birinchi nikohidagi kishisiga yetishib turibdi! Endi ham Ollohning borligiyu qudratiga ishonmay koʻr-chi, Maqsud! Biz boshimizga qilich kelsa-da, Ollohdan tonmasak, oʻshandagina ishimiz oʻnglangay!

Shunday qilib, biz togʻ oraligʻidagi bu mamlakatga yetib keldik. Ollohning oʻzi bizni Sogʻuniy janoblari qoʻl ostidagi lashkarga yetishish niyatida yigʻilayotganlar safiga qoʻshdi.

Shukrki, Tangritogʻ atalmish bu mamlakatni ozod koʻrmoq niyatini dilimga soldi. Gunohlarimni yuvishga, huzuriga yorugʻ yuz bilan borishga imkon berdi Olloh. Men hayotimdan nolimayman. Faqat, Maqsud, ukaginam, eshit, senga ikkitagina rijoim bor. Oʻzing bilasan, u yoqlarda mening bir tomirim, bir qorindan talashib tushgan jigargoʻsham qolmoqda. U nobakorning taqdiri nima boʻlganini bilolmay ketamanmi, deb qoʻrqaman. U qattiq adashdi, ammo shunda ham gunohini Yaratgandan soʻrab olaman. Balki Olloh oʻshanday fosiqlar tufaylidan dinimizni bu yerda, Qashqaru boshqa mamlakatlarda quvvatlantirmoqchidir vallohu a’lam. Har qalay, sen uni top, yerning tagida boʻlsa-da, qidirib top. Topib, mening vasiyatimni yetkaz. Umri bevaqt xazon boʻlgan padarimiz va volidamiz ruhi poklari haqqi-hurmati, esini yigʻib olsin. Ularga la’nat keltirguncha, Xudodan qoʻrqsin. Tavbaning kechi yoʻq. Kimning zurriyotlarimiz, bilsin! Moʻmin boʻlib tugʻilib, kofir boʻlib oʻtmoqdan Oʻzi asrasin, Oʻzi...»

Toliqib, charchagan shekilli shu yerda uzilish bor. Darvoqe siyoh ham tugab, bu yogʻi boshqa rangdagi siyohda bitilgan.

«Yana bir iltimosim, Parpining oldiga oʻtgaysan. Agar maktubim kechikib tegsa, bolalariga uchragaysan va mening uzrimni yetkazgaysan, uka. Men uni koʻp oʻyladim: men kim edimki, unga doʻzax azobini totdirdim?! Adolatmi qildim? Rost, u nobakor, u ablah Bahriddinni oʻldirmagan esa-da, boshqani nohaq oʻldirgan, talagan. Ammo men kimman?! Endi oʻsha voqealarni eslasam, titrab-qaqshay boshlayman. Sendan iltijoim, ularga (Haybatga ham) bu xabarni yetkaz. Bahriddin hayot ekanini va uzilgan nikoh rishtalari tiklanajagini ayt. Ollohning xohishi shu boʻldi. Kechirolsa, kechirsin.

Va nihoyat, sen bir vaqtlar soʻragan narsa — padarimizning kitoblari oʻsha joyda, oʻzing bilgan qayragʻochli yolgʻiz mozorotga koʻmilgan.

Xatni Chaman akang yozib oldi. Senga yetib borish-bormasi endi unga bogʻliq. Men seni gʻoyibona quchib, Ollohimdan beadad marhamatlar tilab qolaman. Ot bosmagan joylarni toy bossin, ilohim. Vaqti kelib, namozlaringda duoi tilovatlar qilib, ruhimni shod etaringdan umidvorman, Maqsud.

Alhamdulillohi robbil olamiyn.

Akang Sultonmuroddan deb bilursen. Darvoqe, aziz xolajonlarim, moʻ'tabar togʻalarimu pochchalarimga mening soʻnggi duoi salomimni yetkazgil. Sultonmurod otli bir tomiringiz Ulugʻxoʻja buvasining yoʻlidan ketdi. Olloh nasib etsa, shahidlikka erishgay, degil. Yana. Oʻsha oʻzing bilgan qoratoshlik Turgʻun chochol biz bilan. Ollohning chevarligini koʻrki, bizni shu janggohda topishtirib, u qiyomat qarzini uzdi. Meni jang maydonidan u olib chiqibdi. Uyidagilarga xabarini berib qoʻyarsan».

Yo qodir Olloh!

Koʻpdan bedarak ketgan kishilarimdan ketma-ket bunday mujdalar kelgay deb oʻylabmi edim?

Qolaversa, bu mujdagina emas, akamning oʻtinchlari ham-ku menga. Men uni ado etmoq niyatida balki bir kun kelib, shu tarixni bir kitob etarman ham. Uzrini Parpi bebaxtning oʻsha koʻhlik xotini, kokil qoʻygan (albatta, hozir er yetgan) oʻgʻilchasiga yetkazarman ham. Hech yerdan daragi chiqmagan Olim akamni-da, yerning tagidan boʻlsa ham toparman, omonatini aytarman ham. Ammo Barzani ham, muhabbati ham oʻziga buyurmagan Haybat akamga-chi? Bu uzr, bu mujdalarni qanday yetkazay? U oʻsha yangi tugʻilgan oy tilla tojday yarqirab koʻrinib, soʻng botib ketgan kechaning oʻzidayoq, hali toʻyxonada mash'alalar yonib bitmayoq Margʻu kennoyimdan ajrab qolganini eshitib, qoʻshtigʻini koʻtarib chiqib ketganicha... uyga qaytmagan boʻlsa?.. Koʻk boʻrini izlab yurib, axiyri topib, qoʻlga tushirganida, nimadir boʻlib, oʻsha Choʻmilishdagi koʻprik yoqasida, oʻsha Margʻu kennoyimni oʻzi kutishni yaxshi koʻrgan Jimittepa ustida... Oʻzini-oʻzi otganmi, birov otib ketganmi haligacha bilolmagan boʻlsak... U qirgʻin urush ham, oblochilarning quv-quvlari, u sarson-sargardonliklar ham u muqaddas nikoh rishtalarini uzolmaganini men unga qanday bildiray?..

* * *

Aytmoqchi, negadir maktubga sana qoʻyilmagan, manzil ham koʻrsatilmagan edi. Negaligini tushunolmadim. Qolaversa, bir haftaning ichida meni topsin, deb ketibdi u elchi. Nega?

Oʻzi shuncha payt yoʻq boʻlib ketib, endi qayoqqa shoshadi?

Va nihoyat, aslida oʻzi kim... Chaman aka deganimiz?

U kunchiqar mamlakatdagi ulugʻ jihodning ishtirokchisi necha yillar uy qamogʻida oʻtirganida bu voqealarning shohidi Chaman aka qaerda edi? Hibsdamidi yoki xorijda? Endi qaerdan yuz koʻrsatib qoldi?

Men uchun aziz kishilarning soʻnggi taqdiri haqda u nima biladi?

Darvoqe, men oʻzim-chi? Nimani ham bilaman...

III- qism
 
Keyingi