OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMurod Mansur
Asar nomiJudolik diyori (2-kitob 1-qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Murod Mansur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Шарқ» Нашриёт-Матбаа Акциядорлик Компанияси - Бош Таҳририяти, Тошкент, 2007
Hajm295KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/28
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Жамоатчи муҳаррир: Нуруллоҳ Муҳаммад Рауфхон
Мусаввир: Хуршид Зиёхонов



iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Judolik diyori (2-kitob 1-qism)
Murod Mansur

ARMONLAR DIYORI

Judolik diyori...
Armonlar diyori...
Sog‘inchlar diyori...
Vatandagi vatansizlarning unsiz faryodlari.

Ardoqli adibimiz Murod Mansurning yangi asarlarini shunday sifatlasak ham boʻlar. Mazkur asarning birinchi kitobi bilan adibiyot muhiblari tanishlar. Adibning koʻp yillik mehnatlari samara berib, ikkinchi kitob ham yozildi. Xalqimizning yaqin oʻtmishdagi armonlari, unsiz faryodlari yozuvchining qalbini larzaga solib, soʻng qog‘ozga koʻchdi. Umid shulki, bu unsiz faryodlar siz — muhtaram kitobxonni ham befarq qoldirmas. Yozuvchining yuragini titratgan voqealar katta avlod xotiralarini uyg‘otishi tabiiy. Yosh avlodga esa tariximizning bu sahifalari ertak kabi tuyulsa ajab emas. Xalq boshiga shunchalar tashvishlar tushishi mumkinligini ular hali his etolmasalar kerak.

... Oliy oʻquv yurti talabalari bilan boʻlgan uchrashuvdan soʻng bir qiz yaqinlashib, savol berdi: «Siz istiqlolning buyuk ne’matligini aytdingiz, lekin ayrim kattalar «avvalgi zamon yaxshi edi», deyishadi. Kimning gapi toʻg‘ri? Qaysi gaplarga ishonishimiz kerak?» Toliba va uning tengdoshlari biz — katta avlodga shunday savol berishga haqli. Chunki oʻtmishni qoʻmsab qoladigan qorin bandalarining bunday gaplarini ba’zi-ba’zida biz ham eshitib qolamiz. Ajablanamiz: «Kechagi kunning nimasi yaxshi boʻlgan ekan? Toʻg‘ri, oʻsha oʻtmish — bizniki. Uni qoralash, loy chapish ongsizlik belgisi. Lekin avvalgi jamiyatning qora kunlaridan koʻz yummoqlik ham adolatdan emas. Begunoh otilganlarning, sovuq sibiriyaning oʻrmonlarida jasadlari qolib ketgan ajdodlarning, Vatan sog‘inchida koʻz yoshlari emas, qon yoshlari toʻkib, armon-la vafot topganlarning ruhlari oldida nima deb javob beramiz? Kechagi oʻtmishni «toʻqlik zamoni» deb hisoblovchilar ocharchilik yillarida bir burda nonga zor ravishda koʻchalarda oʻlib qolganlarning ruhi oldida nima deb javob berar ekanlar?..»

Uchrashuvlarda koʻp qatori bizga ana shunday turli savollar berishadi. Dam jiddiy, dam hazil ohangida javob qaytaramiz va bu savollarning aksari yoddan koʻtariladi. Lekin bu qizning savoli esa unutiladigan xilidan emasdi. Biroq, Murodjon akaning asarlarini oʻqish jarayonida ham bu savol bot-bot qulog‘im ostida jarangladi va oʻsha talabchan singlimizga shu kitob orqali xayolan javob berganday boʻlaverdim.

Fasllardan biriga «oltin kuz» deb ta’rif beramiz. 1991 yilning kuzi vatanimiz tarixidagi oltin davrni boshlab berdi, desak yanglishmaymiz. Men oʻsha oylari ota yurt tuprog‘ini oʻpishni eng ulug‘ saodat deb bilib, Xudoga shukrlar qilgan vatandoshlarimiz koʻzlaridagi yoshni unuta olmayman. Shulardan biri aytgan edi: «Dadam jon berar vaqtlarida dedilarki: «Bolam, men senga boylik meros qoldirmayapman, men senga Vatan sog‘inchini, hijronni meros qoldiryapman. Yurt ozod boʻlgan daqiqadayoq qanot chiqarib uch, agar uzoqda esang-da, ikki ummonni suzib oʻtsang-da, bor-da, men uchun ham Vatan tufrog‘ini oʻp, men uchun ham bu muqaddas tufroqni koʻzlaringga surt...»

«Arining zahrini chekmagan bolning qadrini na bilsin», deganlaricha bor...

Istiqlol bergan ne’matlardan yana biri — ana oʻsha armonlar kitoblarga koʻchdi. «Judolik diyori» oʻsha armonlarning bir qismi, lahzasi xalos. Yozuvchi 1966 yilgi Toshkent zilzilasi bahonasida buzilgan uylarni, xarob qilingan bog‘larni, loyqalangan an-horni bejiz tasvirlamaydi. Odamlarni serfayz bog‘lardan koʻchirilishi bayonida ramziy ma’no bor. Sovet mafkurasi bu holatni «Lenincha xalqlar doʻstligi tantanasi», deb ta’riflagani bilan aslida bu ham yigirmanchi-oʻttizinchi yillardagi zulmning boshqa libosda koʻrinishi, mantiqiy davomi edi. Yozuvchining kechinmalari faqat oʻziga xos emas, bu — xalqning tilga koʻchmagan iztiroblaridir. Sultonmurod va Mahfuzaning taqdiri — ayriliqlarning siyoh bilan emas, koʻz yoshlari bilan bitilgan bayoni. Yodgor — ularning farzandlari — kelajakka boʻlgan umid. Ilhom sut- chi — bu dunyo hoyu havaslaridan yuz oʻgirgan odam. U kurashchi emas, u umid ham emas, lekin undagi pok-likka havas qilmoq mumkin. Hoziq toʻra — yorug‘ kelajak umidiga ishonch. Parpi bebaxt — gunohlar uchun ajrning naqdligi. Uning tuzalishi zulmning abadiy emasligiga ishora.

Asardagi bu kabi ramziy ma’nolar oʻquvchini fikr-lashga da’vat etadi. Kitobxonlar yozuvchilar bilan uchrashganlarida «asaringizdagi falon qahramon hayotda boʻlganmi?» deb soʻrashadi. «Judolik diyori»ni oʻqiganlarda ham, shubhasiz, shu savol uyg‘onar. Maktabdagi adabiyot darslarida «prototip» degan tushuncha haqida koʻp gapirilgani uchun ham bunday savollar tug‘iladi. Aslida yozuvchi hech bir qahramonini hayotdan toʻlaligacha koʻchirib olmaydi. Adabiyotda «prototip» bilan birga «umumlashtirish» degan tushuncha ham bor. Aytaylik, mazkur asardagi Parpi bebaxtning qaroqchiligi bir odamdan olinsa, uning toʻg‘ri yoʻlga oʻtishi boshqa bir odamning fazilatidan olingan boʻladi. Hoziq toʻra ham kechagi tariximizda oʻtgan ulug‘lardan birini eslatar, lekin u ham hayotda oʻtgan birgina odamning toʻla tasviri emas. Bir necha yaxshilarning fazilatlari yozuvchi tahlilidan oʻtib, xayoloti chashmasidan bahramand boʻlgach, yuzaga kelgan qahramonlardan biri. Ayrim olimlarimiz bularni «toʻqima obraz» ham deyishadi. Bu atamani «Judolik diyori»ga toʻla tadbiq eta olmaymiz. Shunday desak, asarning ishontirish quvvatiga putur yetkazgan boʻlamiz. Ro-man — hayotiy voqealarning umumlashtirilgan bayonidir, deyilsa haqiqatga muvofiqdir.

Mazkur asar garchi, kechagi kunimiz haqida boʻlsa-da, u bugungi kunimiz uchun xizmat qiladi. Oʻtmish zamonni qoʻmsaganlar bu kitobni oʻqisalar, fikrlarini oʻzgartirarlar. Menga savol bergan singlimiz esa javobni shu kitobdan olsalar ajab emas.

Tohir Malik

Izn Istab...

Avvalo: Bismillahir rohmanir rohiym

Soʻngra: Judolik diyorida kechgan bu tarixning davomi va uni Alloh qodir etganicha yozganimiz xususida. Umidim bor, shoyad Alloh chiroyli etsa.

«Qissalarning goʻzali Qur’on qissalaridir», to abad tildan tushmagay. Qolganlari unutilib, alal-oqibat yoʻqolishga, oʻchishga mahkum. Ular qusurli bandaning qusurli soʻzi, bitigi, xolos. Faqat... faqat shular orasida Alloh taborak va taolo Oʻzi izn berib, jindek yuqtirganlari, Oʻzi xush koʻrib, ixlos toʻnini yopgan va qabul bezaklari ila bezab, kam-koʻstini toʻldirganlari ham borki, ana oʻshalar yashab qoluvi, oʻqiganlarga har gal chiroyli koʻrinuvi va to qiyomatga qadar moʻminlarning qoʻlidan tushmasligi mumkin.

Demak, Alloh azza va jallaga xush keladurgan bir nimalar bitmak mumkin?..

Axir, mehr-muruvvat, silai rahm, yetimlarning boshini silamoq singari chiroyli amallar, shahidlik sharobini totmog‘u hidoyat topmoqqa oʻxshash goʻzal ajrlar hali tugab bitmagan. Bu haqida qancha goʻzal rivoyatu qissayu tarixlar mavjud. Nafas yutmay eshitganmiz ularni. Qolaversa, eng mushkul damlarda diniyu iymonini kaftida laxcha choʻg‘day tutib, tog‘-toshlarga chiqib ketgan, oʻz diyorlaridan hijrat etganlarning Alloh subhonahu va taologa ham xush kelguvchi judolik tarixlari-chi?!.

Bilmam, notavon koʻnglimga qachon, qaydan ilashdi bu havas, judolik diyori tarixining ilk kitobini yozib tugatib ham taskin topmadim. Bitganlarim ayriliq qoʻshig‘ining debochasi, xolos edi goʻyo. Hali oldinda zoʻr imtihonlar, saragu puchakka ajralishlar turgandek edi. Kimga jahon ahli ayollari havas etsa arzigulik sabri jamiil, kimga shahidlik martabasi ato etiluvi mumkindek, kecha jaholat va razolat dunyo-sida zoʻr sanalib yurganlar esa nihoyati bir qoqiluv ila adolat tarafga yuz beruvi, hidoyat topmog‘i mumkindek edi, vallohi a’lam.

Shundan beri oʻzimni bu yumushga chog‘lar edim. Tungi duolarimu tonggi iltijolarimda soʻrardim. Haftalab, oylab «tirnoq»lab bir nimalar topgan-jamlagandek boʻlardimu... oʻshal qayg‘uli qissa tasavvurimda munglig‘ ertakdek jonlanib kelib, uni birovdan qizg‘ongandek, xuddi uch-ketini yoʻqotib qoʻyadigandek shoshib-entikib yoza ketardim. Ammo nadomatlar boʻlsinkim, bu hol bir oy va yo undan ortiqqa choʻzilmay yana aro yoʻlga kirib, qayon borarini bilmagan musofirdek turib qolardim. Ich-ichimdan sezib turibman, nimadir monelik qilyapti. Nima qilsam, tizginni qoʻlga olaman? Yana oʻsha samimiyat, oʻsha yoniq hislar, shirin bir titroq qayta mehmon boʻlib keladi — bilmasdim, bilolmasdim.

Axiyri topdim! Yolg‘iz Oʻzidan soʻramoq lozim ekan. Murod doram — umidim bor, deb iltijo etsang, albatta, baroyad, yo rab — iloyo, yetgin, javobi berilgusi ekan!

Bilasiz, «Judolik diyori»ning birinchi kitobida chin koʻklamni sog‘ingan bog‘lar misoli aldamchi nasimlarga uchib qolgan qavmim judoliklaridan hikoya etgan edim, endi esa, uning najoti uchun bosh tikib chiqqan bir hovuch kishilar — botir akalarimizning alamli qissalarini davom ettirmoqqa yoʻl izlab, izn istardim.

Akalarimizni jindek boʻlsa-da, taniysiz. Eshitgansiz ular haqda. Ular oʻz yurtlariga sig‘mab edilar. Ular iymonlarini qutqarmoq-chun eng ayamli narsalari — moli, holi, jigarlaridan ayrilib, vatanlaridan judo boʻlib, boʻlak diyorlarga bosh olib ketmish edilar.

Ana oʻshal hijrat yurti — Tangritog‘ tomonlarda Dorilamon bir diyor qurib, uni maskan tutmoq-chun kurashgan oʻsha boturlar qissasi mana, necha yildirki, og‘izdan-og‘izga, nasldan naslga ertakday koʻchib kelmoqda. Zabt etilmagan iymon qal’asiyu halovat diyori misol, hijron qoʻshig‘i kabi!..

Yo, qodir Alloh! Oʻzing izn ber, shul qoʻshiqning davomini yozmog‘imga, Ijozat et, Vataniyu dinini deb tog‘larga chiqib ketgan, iymonini asrab qololgan birodarlarim qissasini bu yoqda qolganlarga yetkazmagimga. Samimiyatlar ato etib, ilhomu kushoyishlar ber, avvalo Oʻzingga, qolaversa, jumla moʻminga manzur boʻlarli bir nima bitmagimga. Uni Oʻzing mumtoz et. Suyukli qil. To qiyomat qadar yashab qolguvchi asarlar jumlasiga qoʻsh.

Hasbiyallohu va ne’mal vakil — Oʻzingga tavakkul aylab, rahmat oyi — Mohi ramazon ichi boshladim va bu tarixni oʻqigan nasllarga sening hidoyatingni sog‘inib, kitobning bu qismini «Najot farishtasi» deb atab, yozilajak uchinchi kitobini «Rushdi hidoyat» deb belgiladim. Iloho, nihoyasiga adashmay oson yetmagimga Oʻzing musharraflar aylagaysan. Omin ya Robbil olamiyn.

Muallif

Ramazoni sharifning beshinchi kunlari.

Toshkent, fazilatli «Qoziguzar» mahallasi

Jindek Izoh:

Asarning avvalini oʻqib, davomini kutmoqda boʻlgan aziz oʻquvchilarimga ma’lum boʻlsinkim, Sultonmurod va Mahfuza tarixining judolik yurtiga tegishli qismini avvalgidek Maqsud hikoya qilib, oʻrtadagi vo-qealarni Alloh izn berganicha oʻzim toʻldirib bormoqni ixtiyor etdim.

Alloh oʻzi bu murobitlarni hammamizga suyukli etib, oʻqiganlar qalbiga rushdi hidoyatini solsin. Uni bitmagimga ilhom bergan va shoshtirgan narsani ham aytib qoʻya qolay.

Bu Alixontoʻram Sog‘uniy janoblarining bir og‘iz kalomlari — «Ey bor Xudoyo, agar menga jannatingdan nasib etgan boʻlsang, boturlarimsiz kirgizmagil», degan duolari boʻldi.

Farishtalar omin degan boʻlsin. Omin ya Robbil olamiyn.

Murod Mansur,
1 mart, 1999 yil

Birinchi Boʻlim - Oʻsha Biravning Mahfuzasi

Kimning Erkasisiz, Yodgormurod?

Mezbonqog‘oz jimitdekkina-yu, juda bejirim edi.

Yozuvlari ham bir boshqacha, ishqilib mening tishim oʻtmaydurgan bir imloda edi. Men bunaqasini umrim bino boʻlib, endi koʻrib turardim.

Tavba, Chaman aka shunaqa zoʻr odam boʻlib ketgan ekanmi — xorijlarga chiqadurgan, chet elliklar bilan bordi-keldilar qiladurgan?! Uzoq-uzoq yoʻq boʻlib ketishi... shundanmikan?

Ammo tashrif qog‘ozini oʻngarib, quvonib ketdim. Bu yog‘i — oʻzbekona edi: Janob Chaman Ubaydulloh oʻg‘li. Manzil-mavozemiz: Toshkandi azim, Qumloq mavze, 17-Zarqaynar koʻcha (Kalkovuz yoqalab oʻtgaysiz), 58. Telefunumiz... va hokazo.

Ol-a! Koʻzimni bog‘lab qoʻysalar, topib borarman! Talabalik yillarim qaerda turibman?! Kechalari dars qilib oʻtirib, uyqu bosib kelganida Kalkovuzga shoʻng‘ib-shoʻng‘ib olishlarimiz yodimga tushib ketgan edi. Oʻsha yerda turib, Chaman akani uchratmagan ekanmanmi?

Ertasiga ishga oʻtiboq sim qoqishga tushdim. Ammo men koʻzga toʻtiyo etib, terayotgan raqamlarim hech ulanmasdi. Axiyri ishga unnab, chalg‘ib ketibman. Indiniga bir qistalang topshiriq bilan Andijonga joʻnatib yuborishdiyu shu bilan yoddan koʻtarilibdi. Chaman aka shu haftaning ichi qidirib topsin, deb tayinlagani ham bir boʻpti, mening alahsiganim ham...

Shanba kuni hamma yumushlarni yig‘ishtirib, izlashga tushdim. Bu safar qoʻng‘irog‘im ulana qolib, telefonni shirintoygina bolakay koʻtardi;
— Aluyo, Siz kim boʻlutsiz? — derdi u shirin bir tilda jovurlab.
— Sen tanimaysan, — dedim.

U bolalarcha ijikiladi:
— Nega tanumaskanman?
— Chunki koʻrmagansan-da, — dedim. U gaplashgan saring gaplashging keladigan — yoqimtoy edi.
— Hich kelmaganmusiz? — dedi u erkalanib.
— Yoʻq, okovsi, bormaganman.
— Unda qaerdan bilutsiz telufunimiznu?
— Bilaman-da...
— Ha-a, aldoqchi, bilarkansiz-ku...
— Unda nima deyish kerak?
— Undamu?.. Xassalomu alaykum, — dedi u qarz salomini eslab.
— Vallaykum assalom! Kat-to yigit boʻling, — dedim men erib. — Otingiz nima edi, toy bola?
— Manimu? — dedi u teng koʻrib gaplashayotganimdan tantiqlanib. — Manu otum...
— Xoʻsh?
— Otum o-ot, — dedi kutilmaganda tegajog‘lanib.
— Yilingiz toychoq! — dedim men ham.

U qiqirlab kuldi va gaplashgichni tushirib yuborib, bir nimalar taraqlab ketdi. Bola uni ola, «fuf-fuf»ladi:
— Aluyo, kechiras, tushub kettu. Eshitopsizmu?
— Sinmadimi, ishqilib?
— Yoʻq, sinmaptu.
— Xayriyat. Ehtiyot boʻling-da, toy bola.
— Xoʻp boʻladu, — dedi u odob bilan. Nimagadir u ba’zan-ba’zan «boʻladu-keladu»lab qolar edi1.

Men soʻrashimni qoʻymasdim:
— Otingizni aytmadingiz-ku, toy bola?
— Manmu?
— Ha-da.
— Manu otum, — dedi u dona-dona qilib, — Yod-gor-muro-od. (U erkalanib, boshini bir chiroyli burib qoʻyganini... yaqqol tasavvur etdim.)
— Oʻ-hoʻ, zoʻr-ku, Chiroyliykan! — dedim besh ketib.
— Siznuki-chi? — dedi u qiziqib.
— Meniki Maqsud.
— Siznukiyam chiroyluykan, — dedi havasi ke- lib. — Siz biznukiga hicham kelmaganmusiz?

Borganman, deya qolsamu... ana, kelganakansiz-kelganakansiz, deb sakrab-quvnay ketsa! Boʻladi-ku, shunaqa bolalar: birpasda elakishib, sirachdek yopishib oladigan...
— Yoʻq, og‘ayni. Xudo xohlasa, endi boraman, — dedim uni sevintirgim kelib. — Boravuraymi?
— Kelung-kelung-kelung! — deb oʻynoqladi u.
— Kim bor? Yolg‘iz oʻzing zeriki-ib oʻtiribsanmi?
— Buvijon borlar, opoqum borlar. Chaqiraymu opoqumlarni? — u shoshib qolganidan gaplashgichni tashlab, tashqariga chopdi. — Opoqu! Asal opoqu! Amaqum chaqiroptula.

Ana, xolos! Halitdan amaki ham boʻlib qoldim! Men miyig‘imda kulib, uni oʻylardim: kim ekan, bu shirintoy? Chaman akaning oʻg‘li desam, «opoqu»lab turipti? Yo numerda adashdimmikan?

Bu orada kimdir kelib, gaplashgichni koʻtardi:
— Lab-bay?! — dedi ayol kishi chars ovozda, goʻyo boshimdan qaynoq suv quygandek qilib. Uning bir og‘iz soʻzi shunday zahar-zaqqum aralash ediki, hushim uchib, kalavaning uchini yoʻqotib ham qoʻydim.
— Gapiring! — dedi u boyagidan ham tersroq qilib.

Adashib tushibman shekilli, deb oʻylab:
— Chaman akaning uylari...masmi? — deyoldim zoʻrg‘a.
— Uylari!.. — dedi ayol «Nimaydi?!» degan kabi. Tavba, ayol kishi ham shunaqa chars boʻlarkanmi! Iloji boricha yumshoq soʻrashga unnaldim:
— Kechirasiz, opoy. — Men uni boshqa millatdan deb oʻylab, qovun tushiribman.
— «Opoy»izga balo bormi?! Gapiravuring gapizzi?! — deb jerkib berdi u.
— Kechiras, — Damim ichimga tushib ketgan, tezroq kimligimni aytmasam, gaplashmay qoʻyaqolishi ham mumkin edi. — Chaman aka tunov kuni soʻrab borganakanlar. Men Maqsudman, og‘aynilarining ukasi, — dedim.

Ammo ayol yumshash tugul, voy, shunaqami, deb qoʻymasdi. Bunga sari yuragim poʻkillab, dedim:
— Eshityapsizmi, men...
— Eshityapman, — dedi u «kar emasman!», degan kabi. — Topib kelalasizmi?
— Borolaman. Ammo oʻzlari, qattalar?

Ayol gapni kalta qildi:
— Kelsangiz — bilasiz.

Vo-oh, ana sizga opoqu!.. U gaplashgichni ildi-qoʻydi. Faqat bolakayning «Kim, opoqu? Adamlani oʻrtoqlarimu?», degani chala-yarim eshitilib qoldi.

Bechora, har bitta qoʻng‘iroqqa chopib borayotgani, «aluyo, kimsuz»lab ijikilayotgani... shundanmi ekan? Adajonisini ichikib kutayotgan u toychoq — kimning erkasi ekan?..

Kalkovuz yoqasidagi qator tollar qiyg‘os sochpopuk chiqarib yuborgan edilar. Shamol bu yerda ham ular ustida quvlashmachoq oʻynab charchamas, hali novdalariga osilib halinchak uchar, hali allaqayoqlarga izg‘ib ketar edi. Jaladan keyingidek boʻtana suv qirg‘oqlargayu tollarning yoʻg‘on qora ildizlariga bosh urib haloplardi. Shaharning ichida, yana jinkoʻchalaru tomi-tomiga tutashib ketgan mahallalar oralab shunday katta suv oqib yotganiga aqlim bovar qilmay anhor yoqalab, aytilgan joyni izlab borardim. Yonginamdan tandirdan yangi uzilgan non hidini anqitib, velosipedli bolakay oʻtib ketdi. Oldida non savati — bozorligiyu koʻzi tomda, varrak sog‘ayotgan bolakaylarda. Oʻzi esa shuvillab boryapti. Qoyil! Osmoni-haftimdan dardaraklari darillab varrak ovozi keladi, ammo oʻzini ilg‘ab boʻpsiz!

Bolakaylar olamni unutib, qiyqirishardi:

Shamo-ol, bag‘ring kamo-ol,

Varragimni osmoningga o-ol.

Yashavor! Bular ipni boʻshatgani sari osmon varrakni yutib boryapti...

Koʻcha oxirlab, Kalkovuz allaqanday tashlandiq bog‘-maydonga kirib boradigan joyda esa... asta’firulloh, uni qarang! Chaqmoq uribmi, yonibmi, batamom ku-yib tushgan, bahaybat yolg‘iz daraxt koʻrinar, u yong‘oq desam yong‘oqqa, qayrag‘och desam, qayrag‘ochga oʻxshamasdi. Shunaqa abgorki, kuyib koʻmir boʻpqopti.

Men qaerga kelganimni bilolmay garangsib turarkanman, yakka tavaqali eshik ortidan ayol kishining oʻqday ovozi yangrab qoldi:
— Akbar-uv, baloginaga yoʻliqqur-uv?!.
— Ketvotman. — Tol tagida koʻringan bola chelagini koʻtarolmay inqillab, ikki egilib kelardi.
— Hu, qirilibgina ketkur! Man nimaga yuboruvdim, otginang oʻchgur? — Ayolning oʻzi koʻrinmasa ham qarg‘ishi qiya ochiq eshikdan oʻqday chiqar edi.
— Mana, opkevotman.
— Hu, opkemay ket. Samovar erib bitdi-ku.

Bola suv toʻla paqirni u qoʻlidan bu qoʻliga olgan sari oʻsha tomonga obkashdek egilar, har qadamida paqir toʻpig‘iga urilib, suv chayqalar, chayqalgani mayli, ishtonining yoni shalabbo boʻlib borardi. Qadamimni tezlatdim:
— Qani, menga bering-chi, saritoy.

Yuzlariga sepkil toshib, shu sepkili oʻziga yarashib tushgan bolakay qaddini rostlab, aftimga tikildi. Kemshik tishi uni yana ham beg‘ubor qilib koʻrsatardi.
— Bizanikiga kevotsizmi? — dedi qiziqsinib.
— Shunaqaga oʻxshaydimi? — dedim jilmayib.
— Rostizzi ayting. — Kemshiktoy endi bu tomonimdan aylanib oʻtdi.

Men chelakni olib, unga ergashaverdim:
— Yaxshisi, oʻzingdan soʻrab qoʻyaqolay: sen Chaman amakini taniysanmi?
— Nega amaki boʻlarkanlar?!. Tog‘amla-ku!.. He-hey, Sizni qarang-u! — U oldimga tushib oʻynoqladi.
— Tog‘ang? — Men hayratlanib qaradim unga. Bolaning sap-sariq yuzida qilcha ham oʻxshashlik... koʻrinmasdi. — Rostingni ayt?

U boyagidek irg‘ishladi:
— Bizanikiga kevotganakansiz-ku... — Soʻng haligi yakka tavaqali eshikka qarab chopdi. — Oyi, bizanikiga kelishvotti, bizanikiga...

Bu orada men ostonasiga katta xarsangtosh yotqizilgan eshikka yetib qolgan edim. Qiya ochiq eshik ortida esa, bir qoʻli tizzasida, bir qoʻli bilan hovli supurayotgan qora nimchali, rangpar juvon koʻrinardi. U ham koʻzi menga tushib, chimirilib qaddini rostladiyu supurgini yoʻlga tashlab, burilib keta boshladi. Yupqa lablari xunuk qimtilib ketdimi-ey. «Koʻzim uchib turuvdi oʻzimam» degandek. Men toʻxtab qolgan joyimda... noiloj bolaga ergashdim.

Eshik almisoqdan qolgan, oftobda oʻngib-oqarib ketgani bilan hovli juda katta, yuqoridagi boloxonali uzun uyga borguncha ishkom tagilab allaqancha yurish kerak edi. Hali toki ochilmagan ishkomlar necha qator boʻlib, bir yoni haligi tashlandiq maydonga tutashib ketgan. Tepada gir atrofini qari qora tollar oʻragan ovloq hovuz ham koʻrinyapti. Tagida qorashaqshaqlar uchib-qoʻnib, ora-chira bir chiroyli shaqillab-sayrab qoʻyadilar.
— Endi bera qoling, — dedi bolakay ostonadan oʻtishimiz ila paqirning bandidan tutib.
— Sen shoshma, — dedim men uni ayab.

Biz poyadan koʻtarilgan soʻri tagi bilan pastak oshxona tomon yurdik. U yerda ikkita g‘isht ustida qoʻnqaygan samovar burqsib, oʻtxonasi jizillar edi. Kemshiktoy chopib borib, samovar karnayini olib tashladi-yu, qopqog‘ini ocha turib, qoʻli kuyib «otib» yubordi.
— Hazir boʻl. — Men suvni solib, qopqog‘ini yopib berdim.

Shungacha ham boyagi chimirilgan ayol koʻrina qolmasdi. U tepadagi uyga kirib ketgancha... ketib borardi. Elakishib boʻlgan bola qoʻlimdan tortqilab, qistay boshladi:
— Siz yuravuring, u yoqda opoqbuvimla borla. Kirmasayiz xafa boʻladila.
— Kim deding?
— Oytoʻra buvimla...
— Shunaqami? — dedim ichim yorishib kelib. — Shoshma, sening oting... Akbarmidi?

U ajablanib tikildi:
— Qayoqdan bilasiz?
— Yodgormurod-chi, u qaerda? — dedim battar hayratga solib.
— He, sizni — aldoqchi, bizanikiga kevotganakansiz-ku, hammovzani bilarkansiz-ku, — deb u beg‘ubor iljaydi, soʻng yana qistashga tushdi. — U oʻshatta, opoqbuvimlaga qarab oʻtiribdi.
— Obbo, toy bolalar-ey, katta yigit boʻlib, qarab oʻtiribdi degin? — Men ularni alqab qoʻyib, oʻsmoqchiladim: — U seni ukachangmi yo?.. — Oʻzim esa bu ayolga qolgan bolalarning shoʻri qursin, deb oʻylardim. Tanimagan odamga shuncha dimog‘-firoq, bularni nima qilmaskan? Chayonning oʻzi-ku?

Hovlining oʻrtasiga borib qolganimizda katta uyning eshigi ochilib, haligi juvon koʻrindi. U kovshandozda kalishini kiyarkan, yelkasidan qora ilondek sirg‘alab tushavergan sochini zarda ila orqasiga otib, menga qarab yurdi. Qoʻlida bir parcha qog‘oz.

Men beizn kirib kelayotganimdan xijolatga tushib, toʻxtab qoldim: toʻxtamasam, chaqib olishi ham tayindek edi. Ammo u chimirilib kelib, qarshimda toʻxtadi-yu, tomdan tarasha tushgandek qilib:
— Mana, shunga kelganmisiz? — dedi qoʻlidagini uzatib.

Men taxta boʻlib qolgandim. Qog‘ozni qanday olganimni ham bilmayman.
— U yog‘ini oʻzingiz bilarkansiz! — Juvon mensimaganday burnini bir jiyirib qoʻyib, boya supurgisini tashlab kelgan joyga qarab yuraverdi.

Ol-a, xoʻp odamiga uchrabman-ku! Na salom bor, na alik, na mulozamat... Men xatchani oʻqishimni ham, ketishimni ham bilmay ang-shang qolgan edim. Koʻz oldimdan esa, boyagi qop-qora daraxt ketmasdi, tavba.

Bir mahal qarasam, Kemshiktoy tirsagimdan tortqilab, qulog‘imga shivirlayapti:
— Siz yuravuring, opoqbuvimlaning oldilariga kiravuring. — U koʻz qisib, nimadir demoqchi boʻ-lardi.

Noiloj ergashdim. Shundayam haligi ayoldan xavfsirab turibman. Nazarimda, hozir undan eshitadiganimni eshitib oladigandekman. Nihoyat, boloxonaga chiqiladigan yog‘och zinaning yonginasidagi katalakday bir uyga burildik. Uning kovshandozi ham ichkarisida edi.

Men xolamgilarnikida turib, oʻqib yurgan kezlarim shu atrofdagi koʻp uylarga kirganman. Bosh suq-ganingizdanoq gup etib, ming yillik zax tuproq hidi dimog‘ingizga urilaveradi. Necha qayta tezlab ham undan qutulisha olmaydi. Kovshandoz chetiga qirrasi bilan terib chiqilgan musulmon g‘ishtlar ham bu uy qadimdan qolganidan darak berib turar, ammo undan tanish zax hidiga qoʻshilib, yana allaqanday mushk-anbar hidlari ham ufurardi.

Men moʻ’jaz xonaga kiriboq uning toʻridagi xonlar zamonidan qolgan qubbali ruh karavotda oppoq choyshablar oʻrtasida oʻtirgan halimdekkina kampirshoga hayratlanib tikilib qolibman. U qiblaga qarab tasbeh oʻgirib oʻtirar edi. Qoʻlim oʻz-oʻzidan koʻksimga qarab ketib:
— Assalomu alaykum, xolamoyi, — dedim.

Men oʻzimni yaqin olganimcha bor edi: ajinlariyam bir ajabtovur nur bilan toʻlgan kampirsho chindan ham xolalarimgami, kimgadir oʻxshab ketar edi. U kishi tasbeh oʻgirishdan toʻxtab, bosh silkidilar:
— Vaalaykum, keling, bolam. Oʻta qoling.

Derazaga yaqin yerdagi sandalning koʻrpayu govra-poʻshlari hali yig‘ilmagan, oʻrtadagi boʻyradekkina namat ustida bir bolakay daxanini mushtchasiga tirab yotvolgancha, rasmli kitob varaqlab, oyoqchalarini oʻynatib qoʻyar edi.

U bizni koʻra sakrab turdiyu menga osmondan tushgan odamga tikilganday tikildi-qoldi. U yuz-koʻzlari judayam tanish, hatto shu indamay turishidayam allaqanday yoqimtoy edi.
— Voy, keldizmu? — dedi u chapak chalib.

Tanidim, u men bilan simda gaplashgan bolakayning oʻzginasi edi. Ovoziyam, oʻziyam — shirin bolalar boʻladi-ku, oʻshanaqa edi.

U jilmayib, qoʻlchasini uzatdi.
— Man Yodgorman. Siz.... Siz telefunda chaqirub ediza? Topdimmu? — dedi u sakrab-quvnab.
— Topding, — dedim uning qoʻlchasini kaftlarim orasiga olib, keyin oʻzini bag‘rimga tortdim-da, peshonasidan oʻpib qoʻydim. — Chindan asaltoy ekansan.
— Yoʻq, men Yodgortoyman. Ayam qoʻyganlar, — dedi u maqtanib.
— Ayang chiroyli ot topgan ekanlar, — dedim men.
— Nega toy boʻlarkansan? Yodgormurodsan, — dedi meni boshlab kirgan kemshiktoy.
— Ha-ha, u Saritoy. Men esam, Yodgormurodman! — tan olib quchog‘imda oʻynoqladi bola.
— Yana ham yaxshi,— deb boshiyu yelkalarini siladim.
— Chiqib oʻtiring. Chaqirmaysanmi, boʻtam, — dedi kampir tasbehini yig‘ishtirib, yoniga qoʻyarkan. Lekin oʻzi oq choyshab ichidagi oyoqlarini (yig‘olmasmi) oʻsha-oʻsha uzatib oʻtirar, allaqanday oʻngarilolmas edi. Karavotning bosh tomonida ulug‘ kitob solingan jild bilan yoʻl-yoʻl matodan tikilgan naysimon bir narsa osig‘lik. Unisi tushunarli, lekin yonidagisi nima ekan, bilolmay, tancha yoniga choʻkkaladim. Buvi oʻsha oʻtirgan koʻyi momiqday oppoq qoʻllarini duoga ochdilar:
— Iloho omin, siylab kepsiz, sizni Ollohimning oʻzi siylasin. Gʻanimat dunyoda oqibatlilar qatorida qilsin, Ollohu akbar.

Kampir oppog‘oyimlarni esga solib, koʻnglim iyib keldi. Beixtiyor bularning duolarini olib qolish katta davlat ekanini oʻylab, u kishining yuzlariga tikildim. Tikilardimu oʻylardim.

Yuzlaridan taralayotgan bu tarovatli nur qaerdan chiqib, hech ado boʻlmayapti? Bu joylarning qadim zax hidlarini ham unuttirib, uni mushk-anbar boʻylariga toʻlatib oʻtirgan ham balki shu oq-oppoq kampirshoning oʻzidir?
— Yaxshi keldizmi, oʻg‘lim? Uy ichilariz bilan yaxshimisizlar? Oyiz, kelinim omonmilar? — Kampir xuddi qarindoshlardek yaqin olib, tavoze ila hol-ahvol soʻrar edi. Men esam hamon iyib borayotirman bu mulozamat, bu soʻrashishlardan. Bir lazzat olayotirmanki, qoʻyaverasiz.
— Rahmat, oʻziz bardam-baquvvatginamisiz?
— Oʻziga ming qatla shukr. Koʻrsatganiga shukr. Turolmasam ham, mana, oʻtiribman-ku: eplagancha ibodatlarimni ado etib... namozlarimni oʻqib... Har odamlar bor-boshini bir koʻtarishga zor, qoʻlini qimirlatishga, oʻngarilishga intiq. Oʻshandan asrasin. Hech bandani ibodatdan qoʻymasin. Soʻnggi nafasigacha chiroyli amallarga hamroh etsin, ilohim.
— Nima, oyog‘izmi?.. — deya oldim men.
— Bumi, bir yog‘i qarichilik, qolaversa, koʻrgilik ekan: koʻp boʻldi oʻtirib qolganimga. Savil, ikkalasi ham ketgan, jonsiz, — dedi buvi choyshab ustidan oʻsha jonsiz narsani siypab qoʻyib. — Shunisigayam shukr. Qoʻl-oyog‘imni birdan olganida nima qilardim? Buyam boʻlsa, Xudoyimning marhamati. Manavi jujuqlarning baxtigami, boshqagami — meni tirik ushlab turibdi. Boʻlmasa, bular kimning qoʻlida qolardiyu kim bularning boshini silardi! Bilmadim, mendan keyin bularning holi nima kechadi? Chamanning yurishi unday, Asalning fe’li bunday... Onasi boyaqishning-ku, peshonasi shoʻrdan-shoʻr ekan. Menga suyanib qolishdi bular. Oʻzim esa yolg‘iz Ollohga suyanguliman. — Buvi ovozi oʻzgarib, koʻzlarida yosh aylandi. Soʻng shishin-qiragan barmoqlarini oʻpib, uchayotgan koʻzlariga surtarkan, Oytoʻra buvi hamd aytib shivirladi: — Al-hamdulilloh, alhamdulilloh: ishqilib, yaxshilikka boʻl-sin.

Men esam dardim boshqa yoqda: Chaman akamni soʻray olmay dog‘daman. Qachon qaytadilar degim bor-u, kampirning dardini yangilab qoʻyishdan istihola etib turibman. Nihoyat, u kishi qayrilib soʻradilar:
— Asal opchiqib berdimi Chamanimning omonatini? Yo gaplashgisi ham kelmay...
— Berdilar, — dedim boyagi qog‘oz yodimga tushib.
— Nima debdi, koʻrdingizmi?
— Yoʻq, hali, — men choʻntagimni kavlashtirdim.
— Oʻqung-oʻqung, — deb qistab, oʻtirgan yerimda yelkalarimga suykaldi Yodgormurod, — Opoqbuvimam eshitsunla.
— Sen tinch oʻtir, Yodgor. Uyat boʻladi: mehmonga shunday yopishadilarmi? — dedi tanbeh berib u kishi.
— Hechqisi yoʻq, ukachamday gap, — dedim men.

Lekin Yodgormurod bir og‘iz soʻzdan:
— Xoʻp, opoqbuvijon, xoʻp, — deb yonimga qoʻndoqdek boʻlib oʻtirib olgan edi.

Men xatchani topib, qatini yozdim. U ikki enlikkina edi-yu, ichi toʻla jumboq edi. Xuddi Chaman akaning oʻzidek:

«Maqsud, kutdim-kutdim, kelmading, — deb yozgan edi u. — Bir rijoyim: oyimlarga uchramay ketma! Xudoning xohlashi shunday ekan, koʻrisholmadik. No-umid boʻlma, g‘aflatdayam qolma. Kennoyingni senga, seni Xudoga topshirdim. Qolgan gaplarni aytishadi. Chaman akang».

«Qanaqa kennoyim? Kimni aytyapti?...» Nima gapligiga aqlim yetmay boshimni koʻtarsam, buvi yarim qayrilgancha yuzimga tikilib turibdilar:
— Siz Sultonmurod oshnasining kimi boʻlasiz?— Aftidan, akamga oʻxshatolmay turar edilar.
— Xolavachchamiz... — dedim toʻg‘risiga koʻchib.
— Ha-a... — deb bosh silkidilar-da, Yodgormurodga yuzlandilar: — Aytmoqchi, anuv kungi xatni nima qilding? Ehtiyotlab qoʻyganmisan?
— Qaysu? Anuv berganizmu? Turibdu mimit choynukda, — dedi bola pildirab kovshandozga tusharkan.
— Optushaqol, bolam. Shoshma, — deb toʻxtatdilar-da, menga qaradilar. — Oʻzingiz birga chiqa qoling. Bolaga ish buyur, ketidan oʻzing yugur boʻlmasin.
— Yaxshi, — men turib Yodgorga ergashdim-u, ammo oʻzimning ichim qurib boryapti. Chaman aka ham qiziq: aytadiganini mana shu xatda aytib qoʻya qolmaydimi! Kimdan yashiradi? Anuv chirsillagan zaqqumoydanmi?

Bu orada biz tashqari chiqib, almisoqdan qolgan yog‘och zina bilan koʻtarila boshladik. Opoqbuvining shirin nevarasi — Yodgormurod zinani toʻpillatib chiqib borayotib, dam-badam orqasiga qayrilib, meni qistaydi:
— Yuravuring, faqat ehtiyot boʻlung, boshizzi urvolas...

Men uning shirinligidan ham burun aqliga besh ketib borayotibman: mana, kimni pakana pari desa boʻladi! Qolaversa, yuzi buncha issiq, buncha tanish? Oʻg‘il bola ham shunchalik koʻhlik boʻlarkanmi? Har gapiga bir tegishgim kelardi.
— Urvolsam-chi? — dedim atay.
— Gʻurra boʻladu, — dedi u qayrilib, soʻng oʻsha g‘urrani tasavvur etib, qiqirlab kuldi.
— Gʻurra ham koʻrk, — dedim hazillashib.
— Boʻlmasa, urvola qolung, — yana qiqir-qiqir kulgancha zinani toʻpillatib chiqib keta boshladi. Rostdan boshimni urib oladigandek engasharkanman, soʻradim:
— Sizlar shu boloxonada turasizlarmi?

Yodgor qayrilib toʻxtadi:
— Siz bilmaysiz-de. Zoʻr bu yer!
— Yoʻg‘-e...
— Koʻrmagansiz-de, Kalkovuzning oqishinu... bog‘larimiznu... Bu yoqdan koʻrsangizmu!..
— Tomga chiqvolib, degin?
— Ha-de. Siz chiqung avval, — u eshikni ochib, kalishchasini chechib qoldirdi, — kelung-kelavuring.

Men pastak eshikdan engashib oʻtib, moʻ’jazgina xonaga oyoq qoʻydimu hovliga qaragan deraza pastida u aytganidan ham faraxli bir manzaraga koʻzim tushib, «voh», deb yubordim: chindan zoʻr-ku!..

Rostdan boloxonamisan, boloxona edi. Bu yerdan hovli bir ajoyib koʻrinardi! Zebolanib desammi, kaftda turgandek desammi, ishqilib, ta’riflasa, ta’riflagudek edi. Hali toklari koʻtarilmagan yalang‘och ishkomlaru boyagi koʻchadagi sochpopuk chiqarib yuborib endi barg yozib kelayotgan qator tollaru uning tagida sarig‘ ilondek toʻlg‘onib oqqan Kalkovuzgacha — bari-bari ajoyib, bir jonli suvratga oʻxshar edi. Ularning bariga soatlab tikilib oʻtirmoq mumkin edi. Bu yerdan hatto anuv kuygan daraxt ham bor boʻyi-la koʻrinib tursa-da, lekin ajabki, boyagidek yomon taassurot qoldirmas edi. Nega, tushuna olmadim.
— Joyni xoʻb topgan ekansizlar-ku!
— Yoqdimu sizga?
— Yoqqanda-chi! — Shunday deb oʻgirildimu nogahon koʻzim uyning toʻridagi devorga tushib, qotib qoldim. U yerda hozir koʻrganlarimdan yuz chandon chiroyliroq narsa osig‘liq turar edi.
— Iya, Marg‘u kennoyim-ku!.. — deb yuboribman.

Men yoʻqotib qoʻygan kishisini uchratgan odamdek gangib qolgan edim.
— Kim deysuz?
— U kishi-ku! Kennoyimlar-ku! Bu suvratni... qaerdan olgansizlar? — dedim hech narsaga tushunolmay. Oʻsha oy desa, oy degudek, suluv desa suluvlardan oʻtgudek, kim malak deb atagan, kim parilar mamlakatidan deb ta’riflab esi ketgan... xusnu jamol egasi... Kattabog‘ goʻzali, mening aziz kennoyimning suvrati bu yerda nima qilib turibdi? Qanday kelib qolibdi bularnikiga? Hech aqlim bovar qilmasdi.
— Manu ayamlar-ku bu... — dedi Yodgor iljayib.
— Sening ayang? — Mening esim joyiga kela boshlagandek edi.
— Boʻlmasa, kim ekanlar, mening ayam boʻlmay?
— Chiningni ayt? — dedim darvoqe deyish oʻrniga.
— Siz yaxshilab qarang... — dedi u. Soʻng bolalarcha qiqirlab kula boshladi. Uning kulgusi shunday beg‘ubor ediki, tavba, men tan bersamoq u sakrab-quvnab ketadigandek edi. Yo Olloh, yana adashganimni qarang. Men suvratga qayta qarab, ichim jizillab ketdi. Chindanam uning quloq yumshog‘i ostida tirnoq yuzidek, nozikdan-nozik nori bor edi:
— Darvoqe, bu kennoyimiz-ku! — deb yubordim. Qarang-a, u biznikida birozgina turib, keyin izsiz yoʻqolgan Mahfuz kennoyimning katta qilib oldirilgan suvrati edi! Oyim hali-hali kuyinadilar: qaerlarga sig‘di ekan, yo vataniga qaytib ketdimikan, deb. U boʻlsa... Men xuddi shunday jajji yuzni yana qaerdadir koʻrganimni eslab, yalt etib bolaga qaradimu hamma narsa op-oydin boʻla qoldi! Men omi nega bu bolaning husni bunchalar oʻtkir, deb oʻtiribman! Gap bu yoqda ekan-ku!
— Sen... sen hali? — dedim dilimdagini tilimga chiqara olmay va asta borib choʻkkalaganimcha ikki tirsagidan tutib, bag‘rimga tortdim.
— Siz rostdanam... taniysizmu ayajonimlarnu? — dedi u shodlanib.
— Hoʻ-hoʻ, taniganda qandoq! — dedim uning yelkasiga qoqib ham erkalab. Va devordagi oʻsha ayajonisiga qarab, battar tong qoldim. Yo tavba! Tushimmi-oʻngimmi? Boyagi suvrat oʻrnida endi... tamomila boʻlak siymo yuz ochgan edi. Suvratdan...

Ajab hol! Hatto koʻzlarimni ishqab qoʻydim. Yoʻq, oʻsha-oʻsha: devordagi oynavand gardish ichidan («yo subhonolloh, qanday moʻ’jiza bu?») men sog‘inib, ichikish darajasiga borgan odam — Sultonmurod akam (!) qarab turardi. Nima bu, sarobmi, jodu? Esim og‘ib, bolaga qaradim.

U issiq jilmaydi:
— Siz hayron qolmang, bu oʻzu shunaqa! Shunaqa ishlungan!..
— Qanaqa... ish-langan? — Men hech narsa tushunmayotgan edim, hatto boshimni toʻlg‘ab-toʻlg‘ab qoʻyar edim.
— Shunaqa-shunaqa, — dedi u sakrab-quvnab, men tushunolmayotganimdan qiqirlab kulib, — bir qarasangiz ayam, bir qarasangiz u kishu, yana bir qarasangiz amaqum koʻrinadular.
— Qaysi amaking?
— Voy, Siznu qarang-uv. Turing-turing. Bu yoqdan qarang,— deb u qistashga, tirsagimdan tortqilab, uyning bu chekkasiga boshlashga tushdi. — Siz oʻziz koʻrung.

Men u aytgan tomonga oʻtib (yo qudratingdan!) suvratda tamomila boshqa odam — Chaman akani koʻrib, battar hayratda qoldim: bir suvratgardish ichidan uch kishi uch holatda koʻrinar edilar! Tag‘in hech bekami-koʻst! Bir-biriga quralashib ham ketmagan! Xalaqit ham etmaydi! Daf’atan, ajinalarning ishi emasmi, degan xayollarga borib qolasan kishi. Ammo bu «oʻzi shunaqa ishlangan»mish! Tavba, kim ishlatadi? Chaman akami yo Mahfuz kennoyimning oʻzi? Unda... unda buning oti nega Yodgormurod? Kimdan yodgor? Nahot oʻsha... ivir-sivir gaplar hammasi rost?
— Ayang?.. — dedim-u, u yog‘ini soʻrashga holim ham, majolim ham kelmay, ammo ich-ichimdan bir titroqmi, nimadir turib, bolaning koʻzlariga tikildim. Ayang qaerdalar deyishga qani tilim aylana qolsa! Aylanmasdi. Ammo u tushundi. Tushunib, koʻzlarini oldiyu, mung‘ayib bilagini silay boshladi.
— Yotub qoldula, — dedi ovozi oʻzgarib, — Manu... Manu yuborishmayaptu.
— Qaerda, shu Toshkentdamilar, axir?

U koʻngli toʻlib, chetga qaradi:
— Hm...
— Voy seniyu, boyadan beri aytmaysanmi?!— Sekin qarshisiga choʻkkalab boyagidek yelkayu tirsaklarini siladim. — Qaerda ekanliklarini bilasanmi oʻzing?

Yodgormurod bosh toʻlg‘ab tisarildi va qoʻlimdan bir alpozda sirg‘alib chiqdi-da, toʻg‘ri tokcha tomon borib boya oʻzi aytgan olma gulli jimit choynak ichini timirskilashga tushdi. Undan ikki buklog‘liq bir qog‘oz oldi.
— Mana, koʻrung.
— Hammasi shunda aytilganmi?
— Bilmasam...
— Ha, darvoqe, bu buving aytgan omonatlari-ya?..— dedim oʻzimga kelib. Soʻng shoshib qog‘oz qatini yozdim.

«Maqsud, mening sendan boʻlak ishonganim yoʻq, — deb bitilgan edi xatda. — Akangning daragini eshitib, joʻnab ketyapman. Oʻzing tushunasan-ku, uning menga kimligini! Sen bizning boshimizga tushgan koʻrguliklarni bilmay eshikdan qaytib ketmagin, deb (Asal opamga qolsa, shunday qilishdan ham toymaydi!), oyimlarga uchragin, deb tayinlab edim.

Mahfuzdan koʻnglim tinch emas. U og‘ir dardga chalinib qoldi. Zoʻrg‘a statsionarga joyladim. Lekin u yoqqa bormasam ham boʻlmaydi. Toʻg‘risi, hozir bormasam, bir umr armonda qolishim mumkin. Akangning daragi chiqib qoldi. Ammo sen unga zinhor bildira koʻrma! Yuragi chiqib, koʻtara olmay qolmasin. Asal opamga-ku, isini ham sezdirma. Sezsa, ishni buzadi u jodugar.

Sendan oʻtinib-oʻtinib-oʻtinib soʻrayman! Mahfuz kennoyingni yolg‘iz qoʻyma. Yonidan jilma. Va buni, (kennoying biznikida ekanini ham) hech kimga ayta koʻrma! Men qaytgunimcha pochchadan ham, oyinglardan ham yashirib tur.

Shunday qilish kerak! Qaytgach hammasini oʻzim tushuntirib beraman. Akangning unga (Mahfuzga) atalgan maktublari bor, koʻrsataman. Oʻshanda senga hamma narsa ayon boʻlgay.

Yolg‘iz oʻzingga ishondim. Mendan bemaslahat yoxud beruxsat biron ishga qoʻl ura koʻrma. Yodgor onasini sog‘inib, juda-juda ichikkan. Xarxasha qilsa, yana koʻrsatgani olib borib yurma.Undan koʻra, oʻzinglarnikiga — dalaga olib ket. Shu yaxshiroq: ham ovunadi, ham bexavotir. (Oyimlarga tayinlaganman, biladilar.) Ishqilib, ularni senga, seni Xudoga topshirdim. Mening yoʻqligimni bilintirma. Iloji boricha tez qaytishga harakat etaman. Chamang akang».

Ana, xolos! Yolg‘iz oʻzimga shuncha omonat! Faqat bir narsaga hech aqlim yetmasdi. Bu suqsurday bolakayni nimaga ayasining oldiga olib bormaslik kerak? Ahvoli og‘irligi uchunmi yo boshqa sababdanmi? Agar kennoyimning oʻzi soʻrab qoʻymasa-chi? Oʻshandayammi? Hammasidan «oʻtinib-oʻtinib-oʻtinib soʻrashi» qiziq edi. Nega bunchalik qattiq tayinlayapti? Nimaning oshkor boʻlib qolishidan choʻchiydi? Bolanimi yo Mahfuz kennoyimni? Hech tushunuksiz. Xuddi sir oshkor boʻlib qolsa, falokat ustiga falokat yog‘iladigandek, ulardan ajrab qoladigandek... yozibdi xatni.

Sekin koʻz qirimni tashlasam, bolakay intiqib tikilib turibdi. Bir og‘iz soʻzimdan sakrab-oʻynoq-labam ketishi, yig‘labam yuborishi mumkindek. Chin-danam ayajonisini ichikar darajada sog‘inibdi. Bir og‘iz soʻzimga mushtoq. Yur desam, chopib ketgudek! Ammo Chaman akadan beruxsat nima ham qila olardim?!
— Nima deptular, amaqum?
— Seni dalaga, biznikiga olib ketarkanman.
— Ur-re, talaga ketarkanmuz! Oʻynagani borarkanmuz!— Yodgormurod bir ajib quvnab, qoʻzichoqday sakrab oʻynoqlay ketdi. Shodligi shunchalik: gir aylanib chopadimi-ey, ikki yoniga shatta urib, shataloqlar otadimi-ey. — He-hey, talalarga chiqarkanmuz, chuchmoʻmalar terarkanmuz...

Keyin tizzamni quchib, qoʻllarimdan tortqilab, bir nimalarni ijikilashga tushib ketdi-ku...
— Siz talada turasizmu? Sizlarda ham varraklar bormu?
— Bizda uchirishsin-da! Ka-atta-kon quroqlar kechasiminan darillab chiqsin-da!
— Vu-uy, kechasuman deng? — Uning kipriklari uzun-uzun, koʻzlari javdirab yonardi.
— Kechasiminan.
— Ipiniyam uzmaydimu?
— Uzmaydi.
— Birov tegmaydiyammu?
— Tegmaydiyam.
— Qanday yaxshu, — dedi u chapak urib.
— Bir uchirishgancha uch kunlab uchib yotadi, — dedim men.

U aqliga sig‘dira olmay aftimga termuldi:
— Uch kunlab?.. Vu-uy...
— Ha-da, u shunchaki varrak emas-da, — men qulochimni yoydim. — Mana bunday kelar-ov. Uni tushirib olish oʻzimas. — U aftimga termulgancha qolgan edi. — Ipini uzgan quroqlarni hoʻv qayoqlardan topib kelishadi.
— Qaerdan topib kelishadu? — qaytarib soʻradi u.
— Qaysinisini soyning narigi yog‘idan, qaysinisini yong‘oqzordan. Nimalarga ilinib-urilib, dabdalasi chiqib ketgan boʻladi. Qaytadan yasashadi.
— Zoʻr ekan, — dedi u besh ketib, ham chiroyli bosh silkib. Keyin yana boyagiday tirsagimga tarmashib, shoshirdi. — Otlar-chi, otlaram bormu?
— Bor, — dedi men uning koʻngliga qarab.
— Minishadimu bolalar?
— Minishadi. Istasang seni ham mindirishadi. Bedapoyalarga opchiqishadi. Soylarga optushishadi.
— Yana nimalar bor, ayting, ayta qoling, — deb qistardi u.
— Ariq boʻylaridan yalpizlar, binafshalar teradilar. Tepalardan esa qoʻziqorinlar.
— Qoʻziqorun? Nima u?
— Hoʻ, uni oʻtga toblab yemabsan, bu dunyoga kelmabsan. Borsang, koʻrasan.
— Borganum boʻlsun, borganum boʻlsun, — deb oʻynoqladi u. Soʻng pastga oshiqa turib, qayrildi: — Hozur-la ketamuzmu?
— Ketamuz, — dedim men uning shirin tiliga meng-zab, — faqat opoqbuvinglardan soʻrayluk.
— Soʻraymuz, soʻraymuz, — dedi u oshiqib.

Men esam, bu sirli goʻsha — boloxonadan tushish lozimligini, bu xonadonning duogoʻyi boʻlib oʻtirgan anavu oq-oppoq kampirshodan ijozatu duolar olib ketishimiz lozimligini bilib tursam-da, qoʻzg‘ola olmas, toʻg‘rirog‘i, devordagi boyagi antiqa suvratdan koʻz uzolmas edim.

Suvratdan esa oʻn toʻrt kunlik oyday balqib, Xudo husnidan qismay baxtdan qisgan kichik kennoyim qarab turar, negadir koʻzlari yoshlanib-yoshlanib kelayotgandek tuyulaverar edi menga.
— Juring, soʻraymuz, — Yodgormurod qaytib, qoʻllarimdan tortqilamoqqa tushdi-yu, men unga ergasharkanman, kennoyimning ruxsori lip etib koʻz oʻngimdan g‘oyib boʻlib, shu zahoti uning oʻrnida boshqa aziz qiyofa — men qachonlardan beri yoʻqotib qoʻygan Sultonmurod akam suvratda yuz ochib, jilolmayin ham qoldim: yana bir qadam bossam, u ham yoʻqolib, Chaman akam chiqishi tayin edi.

Men esam, bu ajib suvratda faqat akamu Mahfuz kennoyim koʻrinishlarini istardim.

Ammo shu tob boyagi kirgan joyimizdan ayol kishining qattiq-qattiq ovozlari kelib, toʻxtab qola qoldik. Asal opa uyni boshiga koʻtarib, shang‘illar edi:
— Itniyam, bitniyam qoʻyavering. Nima, bu karvonsaroymi sizga?! Ana, bittasi shuncha turib, nima karomat koʻrsatdi? Yetimini tashlab ketadi hali! Itdan boʻlgan qurvonliqqa yaramas...
— Hay, sekinroq, uyalgin, axir, — oʻtinardi kampir.
— Nimadan uyalaman? Nega uyalaman? Oʻz uyimda ham uyalaymi?!
— Hoy, Xudodan qoʻrqmagan, hoy, odam isi yoqmagan! Chaman eshitsa, nima deydi?! Jilla qursa, mendan uyal. Oʻz onangdan uyal.
— Nima, Chamaniz? Birovning xotinini oʻz uyiga obkeb oʻtirgan u kishi pokdomon-u, men qora boʻldimmi? Men yomon boʻldimmi?
— Oʻchir, — dedi ona, — hammani oʻldirib, sil qilib, bezdirib, oʻzing soʻppayib qolmoqchimisan bu uylarda? Xudodan qoʻrq! Shu fe’ling bilan-ku, hech yerga sig‘mading. Tirnoqqa zor oʻtib boryapsan. Yana odam isini yoqtirmay qaerga sig‘moqchisan? Qachon odam boʻlasan?
— Boʻlmayman! — dedi Asal, ostona xatlab ulgurmagan asrandisining ketiga tarsaki tushirib.
— Boʻlmasang, boʻlmay oʻt!

Titrab ketdim. Va beixtiyor bolakayni bag‘rimga tortdim. Shunchalik boʻlib ketgan ekanmi u jodugar? Oʻshanday xokisor onaning yuziga tik qaragan inson... bularning boshiga nima kunlarni solmayapti ekan? Qanday sig‘dilar ekan boyaqishlar bu uyga? Opketganim boʻlsin bu doʻzaxdan! Qutqarganim boʻlsin bu azob «farishtasi»dan! Va oʻzim yoqa ushladim: Bu qanday goʻshaki, manzil-mavozeki, bir yonda oq-oppoq boʻlib, yuzlaridan nur, soʻzlaridan duo yog‘ilib, rahmat farishtasiday oq kampir oʻtirsa-yu, bir yoqda har soʻzidan chak-chak zahar tomib, chirsillab anavi «farishta» hukmini oʻtkazib yursa! Yaxshiyam, kampir bor, shirin soʻzi, duolari bor! Undan keyin nima boʻladi bu xonadon? Bular topgan manavi boshpana? Toʻzib bitadimi? Bekorga kasalxonaga tushmagan ekan Mahfuz kenno-yim! Bechora, qanday chidadi ekan bu egovga, Xudoning bu boshli-koʻzli balosiga? Uning zahar-zaqqum soʻzlariga? Chayondek chaqishlariga? Oʻzining yozuqlari, boshiga tushgan musibatlar kam ekanmi?

Koʻzim yoshlanib kelib, hamma narsa chaplashib ketdi. Bola ham, pastga ketgan zina ham, oyoqlarim osti ham... Faqat koʻz oldimda boʻyi baravar kuyib ketgan anuv qora daraxt turar edi!..

Biz ne alpozda, hatto miq etmayin zinadan bir-bir tushib bordik. Ming istiholayu andishaga botib oʻtirgan kampir bizni koʻra jonlanib, shoshib qoldilar:
— Voy, tushdingizlarmi, bolam. Topoldingizmi omonatini? Sizniyam tashvishga qoʻydik, — derdilar ikkala kaftlarini oʻsha jonsiz tizzalaridan uzmay.
— Tashvishi bormi, mana, optushdik. Endi javob bersangiz... — deb yamlandim men.
— Kiring, oʻtiring, bir piyolagina choy olib kelsin. Shundayin ketasizmi, bolam, — deb Yodgorga yuzlandilar u kishi. — Sen nima qilib jim turibsan, opkir akangni...

Bola ham birdan jonlandi:
— Opoqbuvi-chi, opoqbuvi! Bilasizmu, biz qaerga ketyapmuz! — deb oʻzini buvining tizzalariga otib bijirlay ketdi. — Talaga ketmoqchimuz. Rostakam varraklar uchirishadugan yerlarga. Bilasizmu, kim aytub ketibdu?
— Bilaman, bolaginam, bilaman, — dedi buvi uning kuraklarini silab-erkalab. — Amaking tayinlagan. Sen zerikib qolmagin degan-da.
— Nega aytmaduz? Yashurub ekansuz, — arazlashga, sakrab karavotni lopillatishga tushdi bolakay. — Aldab ekansuz!..

Buvi uning kuragiga qoqib, peshonasidan oʻpdi.
— Har narsaning mavrudi bor, bolam. Vaqti bilan chiqasizlar ham. — Bolakay mung‘ayib qolgan, najot kutib, aftimga termulardi. — Avval ayangdan xabar olsinlar. Keyin opketgani keladilar. Tuzukmi, toychog‘im?

Bu gapdan men ham, Yodgormurod ham inday olmay qolgandik. Hatto men jindek mulzam tortib:
— Toʻg‘ri aytadilar. Sen otlanib tur. Ertaga oʻtib, indinga opketgani kelaman, — dedim yupatib. — Boʻp-timi?

Yodgormurod moʻmin ekan, arazini tashlab, ochila qoldi:
— Indinigamu?
— Indinga, — deb men ham qaytish taraddudiga tusha boshladim.

Buni koʻrib, buvi oʻtirgan joylarida jonsarak alangladilar:
— Boradurgan boʻlsangiz... biron nima berib yuborsam boʻlardi? Shoshmang, — u kishi oʻgirilib, yonlaridagi tokchadan eski chiyduxoba jildni oldilar-da, uning yonchig‘ini kavlashtirib, bir nima izlay boshladilar. — Mana, jilla qursa, shuni ola keting, vaqti-vaqti bilan hidlab tursa ham ruhi yengil tortadi.

Nima ekan, desam, u kishining oppoq kaftlarida bir ajoyib boʻy taratib qalampirmunchoq shodasi turabdi. Uni olarkanman, boʻyidan oʻzim ham g‘alati boʻlib ketdim. Men goʻyo bolalik davrlarimga qaytib, qalampirmunchoq boʻyining sirli olamiga tushib qolgandek edim. Shunday yengil edimki, kuragimdan qanot oʻsib chiqayotgandek edi...

Keyin Oytoʻra kampir bilan qanday xayrlashdim, yalang‘och ishkomu soʻrilar tagidan oʻtib, xayhotdek hovlidan qanday chiqib bordim, yakka tavaqali eshikdan qanday oʻtib, Kalkovuz boʻyidagi koʻchaga tushdim — bilmayman. Xayolim joyida emasdi goʻyo. Faqat oq kampirning istihola bilan «Kelib turing, bolam, yoʻq boʻlib ketmang, Yodgormurodimni oʻksitib», degani aylanib-aylanib kelishini aytmasam, boshqa hech nimani eslay olmasdim.

Ancha nari borib, oʻgirilib qarasam, meni boloxonaga boshlab chiqqan oʻsha shirin, oʻksik bolakay yakka tavaqali eshik ostonasida oyog‘ini salanglatib oʻtirar, toʻxtab qayrilishimni kutar, jindak imo qilsamoq, uchib keladigandek, men bilan ketvoradigandek edi. Shamol ham endi tollar ustidan tushib, uni olib ket, olib ket, degan kabi nuqul huvillab yuzlarimga urilardi, yurgani qoʻymasdi. Mening esa ich-ichimdan bir yig‘i bosib kelyapti. Nima balo, er yetib, boʻy tortib ham bundan qutulolmasam?! Yetimlarning koʻngli oʻzi shunaqa oʻksik boʻladimi, oʻsha buloqning koʻzlari sal narsaga ochilaveradimi, oʻzimni tutolmasdim. Qaerdanam Chaman akani bu xonadonga izlab keldim? Yodgormurodni, Oytoʻra buvini koʻrdim? Boloxonaga chiqdim? Mahfuza kennoyim — (oʻsha Kattabog‘dagi hovlimizda yarim yilgina turib, keyin dom-daraksiz ketgan, biz izini ham topolmagan oʻsha tangritog‘lik kelin) soʻnggi paytda panoh topgan joyga kira qoldim? Mash’um taqdiridan xabar topdim? Devordagi u ajib suvratga koʻzim tushdi? U nima edi? Nega uch yondan uch kishi koʻrinib turardi?.. U roʻyomidi yo Mahfuz kennoyimning oʻzi ishlatganmidi atay? Hech aqlim yetmasdi. Chin desam chinga, roʻyo desam roʻyoga oʻxshamasdi bu tarix, bu taqdir. Yaqinroq keling, men bu firoq qissasini, taqdir atalmish buyuk imtihon tog‘idan toymay, tiy-g‘onchiq yoʻllariga kirmay oʻtib borayturgan akalarim, kennoyilarim tarixini Sizga ilindim. Olloh ularni ne mushkul-mushkulotlarga soldi va oltinday toblantirib chiqardi — oʻzingiz bir koʻring. Shoyad ibrat olsak, oʻshalardek yashay bilsak...

Ayriliq Kunlaridan Yodgor Bitiklar (yoxud «Voy, sizmu, qaynujonum?»)

Mayindan-mayin — ukpar shamollar ufurib kelib, yuzlarimni oʻpib qochar edilar...

«Moshaalloh! Koʻklam ham kepqopti-ya!», deb edilar kecha oyim...

Dalalarning erka yellari bugun shahargacha yetib kelib, jin koʻchalarni-da, tavof etib, ifor sochib yurar edilar...

Yo mening kayfim chog‘, yo bugungi mujdalardan boshim osmonda! (Hazilmi, axir! Men kimning daragini topdim! Aziz kennoyijonimning qaerdaliklarini bilib turibman-ku!) Atrof-javonibdagi zig‘irdek oʻzgarish, yilt etgan nur ham manavi epkinlardek xush yoqib turibdi menga. Ifordek hidlagim, buloq suvlaridek simirgim keladi barcha-barchasini! Omonliq-somonliqqa oʻxshaydi bu koʻklam nasimlari ham!...

Oʻzi ham ajib bodroq islarini taratib oʻtayotir. Ich-ichimdan bir bahoriy hislar toshib kelmoqdaki... Va men sizga aytsam, miyamning eng olis, eng ovloq qopqalarigacha «jing-jing» ochilgandan ochilib, ichim yorishgandan yorishib, Xasti Imomdan Eski Joʻvaga tushib kelmoqdaman.

Olamda mendan xushnud kimsa yoʻq. Hamma narsa, hatto yoʻlka boʻylab (oldimga tushvolib), pildirab borayturgan anuv likildoq qushcha-chittak ham biram zebo, biram yoqimtoyki, yaqin orada bunday xushhol boʻlmaganman.

Hammasi oʻsha boloxonaga chiqishimizdan, olmagulli jajji choynakdagi omonatni olishimizdan, devordagi anuv suvratni koʻrishimdan boshlanmadimi?! Oʻshandan beri ularni yodga tushiruvchi har bitta narsa meni larzaga solyapti, yutoqib yopishyapman. Xuddi necha yil burun yoʻqotgan azizlarimni topib olgandekman. Ha-ha, ertak kitobini yoxud jajji qalamtaroshini topib olgan bolakay ham menchalik holga tushmas.

Chindan ham akamni soʻnggi marta koʻrgan, u haqda bir olam g‘aroyib narsalarni aytib bera olguvchi kishini qayta topib olganimdan, uni koʻrgani ketayotganimdan oʻzimda yoʻqman.

Hazilmi, axir! Sulton akam qiblagohim oʻrnida qiblagoh edi. Yolg‘iz ungagina suyanardim! Uningdek boʻlishni, er yetishni oʻylab, kechalari toʻlg‘onib chiqardim. Keyin ham uningdek mard, tanti insonni uchratmadim! Uchratsam ham unga oʻxshata olmasdim! Endi qavmimizni himoya eta oladigan kishi qolmagandek edi. Hatto Qoʻldosh tog‘amning ham endi ilgarigidek shahdlari yoʻq. Pochcha-ku, qarib, xassaga suyanib qoldilar. Ularning oʻrnini bosadigan kim bor? Shuning uchun ham zilzila bahona jannatdek joylarimizni tortib olishdi! (Miq etolmadik!)... Bog‘larimizni payhon etib, biz koʻz ochib koʻrgan u ma’vodan hech vaqo qoldirmay buzib yotishibdi! (Damimiz ichimizda!)... Oʻzimizni esa koʻchirib yuborishdi (Hech kim g‘ing deya olmadi. Koʻrsatgan joylariga qarab ketaverdik). Akam, akajonim boʻl-ganida qarab turarmidi! Buzgani qoʻyarmidi! Ana shunday. (El uchun boshini tikadigan, qayg‘uradigan odamlar tugab bitgan ekan, hijrat etib boʻlgan ekan undaylar!) Qayg‘uradigan bir jon, bir mard qolmasa-ya!

Ana shu Tangritog‘ tomonlarga bosh olib ketganlar ichidan akajonimni soʻnggi bor koʻrgan (bir boʻlsa Chaman aka), bir boʻlsa, Mahfuz kennoyim edi. Uni ham yoʻqotib qoʻyib, qalbim bir g‘alati huvillab qolgan edi. Mana endi ustma-ust mujdalar chiqib, shoshib qolgandekman. Zoraki, uni topib, bor haqiqatni bilolsam: nega xesh-aqrabolari yolg‘izdan-yolg‘iz yosh bir kelinchakni kimgadir qoʻshib, ota yurtga joʻnatib yubordilar-u, oʻzlari xabar olmadilar? Qaylig‘i — akam-chi?! Nega oʻtib kelolmadi?! Boshiga qanday mushkul ishlar tushib, oʻsha yoqlarda qolib ketdi? Oʻzi omonmikan ishqilib?..

Men bu tarixning bir chekkasinigina chala-yarim eshitganim bor. Og‘ir yaralanib, jang maydonida yiqilib qolgan akamni birodarlaridan kimdir shu yaqin oradagi bir qoʻrg‘onga ortmoqlab olib borganmish. Qoʻrg‘on egalari esa ola-g‘ovur yillari oʻsha yoqqa qochib, Tangritog‘ tomonlardan panoh topgan kishilar ekan. Ular yertoʻlalariga yashirib, qaray boshlashibdi. Ammo... oʻsha akamni ortmoqlab borgan birodarining oʻzi juda koʻp qon yoʻqotgan ekan, xushiga kelib-kelmay qazo qilibdimish. Unga aza ochib, dafn etibdilaru elda Sulton Botur shahid boʻpti, degan xabar tarqab ketibdi. Qoʻrg‘on egalari balki bu yaxshilikkadir, deb damlari ichida, dim-dim qolaverishibdi. Lekin koʻzimizning oqu qorasi — kenja qizimiz betob, deb kunora tabib chaqirishar, oʻsha tabib har borganida bostirmaga tushib, bir yoʻla musofirni ham koʻrib qoʻyar ekan-u, birovga miq etishmas ekan.

Kunlar oʻtib qiz «sog‘ayib»di. Tabibnikiga oʻzi qatnaydigan boʻlibdi. Shu borishida u tabibdan musofirga ham malham olib kelar, uning yaralariga bog‘lashar ekan. Shunday qilib, «oʻldi»ga chiqarilgan Botur qirq kun deganda bostirma ostonasidan oyoq bosib chiqibdi. Ularning oʻrtalarida nima oʻtgan, qanday yaqinlik paydo boʻlgan — men bilmayman. Lekin qoʻrg‘on egalari Botur kimning zuryodi ekanini eshitib, uning ustida aylanib-oʻrgilib qolishibdi. Toza sog‘aymaguncha qoʻrg‘ondan jildirmay, oʻrtoqlariga ham daragini bildirmay olib oʻltirishibdi. Keyin nima boʻlgan, ichkuyov qilishganmi, joy qilib berishganmi, bilmayman. Tangritog‘da inqilob yengilib, surishtir-surishtir, qoch-qoch boshlangach esa, kennoyimni ishonchli odamga qoʻshib, bu yoqqa joʻnatishibdi. Akam chegaradan oʻzim oʻtib boraman, degan ekan. Nimaga kelolmadi yo bir og‘izgina xabar berdirmadi, hech tushunuksiz. Ishqilib, tinchlik boʻlsin.

Mahfuz kennoyimdan chala-chulpa eshitganimiz shular. Oyim ham kennoyimga taskin berganlari-bergan edi: «Qarab turing, bir kun emas, bir kun oʻzi kirib keladi. U boʻladi-yu, sizni bu yoqqa tashlab qoʻyadimi?! Har qandoq boʻlganda ham bir bosh suqib ketadi», derdilar. Xuddi aytganlaridek, qishning oxirlari, koʻklamning boshlarida, ayni oy kechikib chiqib, tongga yaqin boʻzarib-qizarib botadigan kezlari Kattabog‘da gap tarqadi: nima deysan, Sultonmurodlar qaytib keptimish, nalogchilaru oʻg‘ri-kazzoblarning adabchasini berayotgan emish. Bag‘rimizga shamol tegadigan boʻpti, urush tugabam tinchimovdik, Xudoyimning oʻzi g‘amxoʻr, uni yetkazibdi, deyishardi odamlar. Bir gal oʻzimam shunaqa voqeaning ustidan chiqib qoldim! Sharifa kennoyining eshigida tumonat odam. Eshak aravada esa, soʻyib qoʻyilgan, lekin kalla-pochaga ajratib ulgurilmagan targ‘il sigir yotar, chakkasi moʻmataloq oʻg‘ribashara bir odam Xudoning zorini qilib, mol egalaridan uzr soʻrardi. Keyin bilsak: «Egasini rozi qilsang-qilding, boʻlmasa, oʻn bosh toʻlaysan! Boʻyin tovlab koʻr — moling talonda, oʻzing badarg‘a!..» deb shart qoʻyishibdi.

Shartning qattiqligidan akamning isi kelardi. Oʻpkamni qoʻltiqlab uyga chopdim. Qayoqda!.. Kelmabdiyam, kirmabdiyam. Oyim eshitib:
— Yoʻq, umas, bolam. Sultonmurod keladi-yu, kirmaydimi? Shundan shu yoqqa kelgan odam oʻz uyiga bosh suqmaydimi! Yana bilmadim, kennoyingdan soʻrab koʻr,— dedilar.

Kennoyim ichkarida ekan. Supadan oʻtib, qiya ochiq derazadan koʻrsam, dahlizdagi tancha chetida qatim tortib, doʻppi tepchib oʻtiribdi. Ammo xayoli allaqayoqlarga qochgan, koʻzlari ham bir g‘alati g‘iltillaydi, shu holiga nimani koʻrib, qanday tepchiyapti — tushunolmaysiz. Akam kelsa, shunday oʻtiradimi?! Achinganimdan og‘iz ham ocha olmadim. Bekor aytmagan ekanman. Aytsam, umidini uzmay oʻtira turarmidi...

Bu orada dalada ishlar qizib, uni chopiqqa chaqirib ketishdi. Tegirmon tepasidagi yerda lavlagi chopiqda yurgan odam kutilmaganda bir hafta-oʻn kun uyda oʻtirib qoldi-yu, keyin kunlardan birida:
— Men shaharga, opog‘oyumlarnikuga tushib chiqay, bir yoʻla doʻppularni tashlab, yangi ish opkelaman, — deb ketgancha... bizni dog‘da qoldirib ketdi.

Oyposhsha xolamlarnikiga surishtirib borib ham na izini, na daragini topdik. Borganida xolam yoʻq ekanlar, doʻppiyu tepchiq1larni Muhabbat kennoyida qoldirib:
— Doʻppu bozorga tushub chiqay,— debdiyu shu ketgancha qaytib kirmabdi.

Oyim ikki kecha xolamlarnikida turib qoldilar.
— Odam igna emaski, yurib turib yoʻqolib qolsa! Surishtirib koʻring, pochcha. Sultonmuroddan uyatga qolmayluk, — derdilar oyim.

Pochcha — taniqli, aytuvli odam, yonlariga meni olib, bormagan-kirmagan joylari qolmadi. Bozorga tushib, shang‘illagan bozor qorovullariyu supuruqchilar oldigacha borib keldilar. Har ehtimolga qarshi uyg‘ur mahallaga ham oʻtdilar. Kallaxonadan surishtirdilar. Na doʻppidoʻz, na ipakfurushlar bilardi. Axiyri, milisaxonaga kirmoqchi boʻldilar-u, oʻsha Zokir badbaxtga uchragilari kelmadimi:
— Sen ang-shanglab soʻra-chi, Tangritog‘dan oʻtgansan deb ushlab, qamab qoʻymadimikan, badbaxtlar? — deb bir tanishlarini kiritdilar. — Balki ularni ushlash haqda koʻrsatma-poʻrsatma bordir...

Haligi odam yarim soatlarda chiqdi. Biz esa boʻlarimiz boʻlib, turibmiz: ketib ketolmaymiz, umidimizni uzib uzolmaymiz. Yoʻq, unaqa koʻrsatmayam yoʻqmish, bu kecha hech kimni ushlabam qolishmabdi.

Pochcha «haytovur-haytovur»lab orqaga qaytdilar.
— Milisaga tushmabdi, jin urmaydi. Hali-zamon eshikdan oʻzi kirib kelib qoladi. Bozor shunaqa joy. Tog‘-tog‘ bilan uchrashmaydi, odam odam bilan topishadi. Bironta qarindoshi uchragan. Inshaalloh, daragi ham chiqib qolgay, — deb bizlarni tinchitmoqchi boʻldilar.

Lekin na oʻsha kuni, na ertasiga eshikdan birov kirib keldi. Noiloj, oyimlar bilan Kattaboqqa qaytib ketdik. Biz birov tashlab ketgan omonatni oldirib qoʻyib, egasiga nima deb javob qilarini bilmagan odamlarga oʻxshab qolgandik. Egasi esa, koshki begona boʻlsa! Jondan aziz akajonim edi...

Mana, shuncha yil oʻtib qaerda ekan! Akamning jonajon oshnasinikidan daragi chiqib turibdi! Bu orada shirindan-shirin farzandli boʻpti, og‘ir dardga chalinib, kasalxonaga tushibdi. Lekin miq etmagani, burnimizning tekkinasida, xolamlarnikidan qoʻl uzatsa yetgudek joyda yashab turib, bir og‘iz bildirib qoʻymagani g‘alati edi. Nimadan uyaldi, istihola etdi ekan? Turmush qurib (qurganmikan oʻzi?), farzand koʻrganidanmi? Koʻrgan boʻlsa, nega unga Yodgormurod deb ot qoʻydi-yu, u jujug‘i Chaman akamni «amaqu» deyapti? (Bu yerda bir sir bor-u, men hech tagiga yetolmasdim. Oʻzidan soʻramaguncha yetolmasam ham kerak!)

Oʻziga oʻzi shuncha tashvish sotib olgan ekanmi? Qolaversa, oʻzini shunchalar gunohkor sanaydimi?

Men uning oldiga quruqdan-quruq, oʻpkamni qoʻltiqlab bora olmasdim. Eski Joʻvaning ilikuzildida ham sarxil mevalar arimaydigan (Olloh baraka yog‘dirgan) bozoriga tushib, kennoyim xush koʻradigan tansiq narsalardan: ozgina qovunqoqi, bir qismgina shoʻrdanak, jindek Madina xurmosi xarid qildim. Bir shirinzabon kampirsho turgan sari sarg‘ayib, asal boylab ketgan Toshkanni toshnokidan yarim xaltacha opchiqqan ekan. Shundan toʻrt donagina oldim. Alqab-alqab xaltamga solib berdi:
— Oʻluk yesa, tiriltiradi, jon bolam. Jannatni mevasi-ya, bu, — deya boshimni koʻkka yetkazdi.

Jonu jahonim yorishib ketdi. Chindan jannatning isi keladirgan bunday narsalar kimni xushhol etmabdi! Zora shu narsalar, mening yoʻqlab borishim sabab boʻlib, oyoqqa turib ketsa, musofirgina. Xudodan boʻlib — Xudoyim meni sababchi etib, shifoi komillar bersayu yaxshi bir kunda uni oʻsha shifoxonadan yetaklab olib chiqsamu, «Oyi, mana, qochqoq keliniyiz», deb uyimizga boshlab borsam...

Oʻlay agar, niyatim xolis edi. Akamdan ajraganimiz ajragan, kennoyimning bedarak yoʻqolishi bizga bir armon boʻlib qolib edi. Bir kunmas bir kun akam eshigimizdan qirib kelsayu, qani u Tangritog‘lik keliniyiz, deb qolsa, nima deymiz? (Sultonmurod akam boʻladiyu kirib kelmaydimi! Tegirmonga tushsa butun chiqadigan odam-a! Qaytib kelishiga ishonamiz biz!) Nima degan odam boʻlamiz oʻshanda?!

Kun qaytib qolganiga ham qaramay, jahd qilib qidirib kelayotganim shundan edi. Yaxshiyam jahd qilganim, shom tushmasidan (kun hali ufqda yangi tushgan tandirdek qizarib turardi) shifoxonaga yetib bordim. U Qibray tomonda — bahavo joylarga yaqin yerda ekan. Ilgari qaysi bir kattaning bog‘i boʻlgan shekilli, hozir ham shinam, yog‘ tushsa yalagudek edi. Balki hukumatga qarashlidir hali ham.

Oʻylaganimcha bor ekan, kiraverish — qorovulxonadagi muomaladanoq bilindi:
— Keling, opovsi. Kimni soʻrab keluvdiz? — deb koʻk xalatli xurshroʻygina ayol peshvoz chiqdi oldimga. Men nomlarini aytdim:
— Shu yerga tushib qolgan ekanlar, kelinoyimiz...

U oyna tagidagi roʻyxatni ikki sidra qarab chiqibam men aytgan ismni topolmay boshini koʻtardi.
— Balki familiyalarini bilarsiz? — dedi umidvor etib.
— Familiyalari... — Akamning familiyasini eslab aytdim, — Abdurahimova boʻlsa kerak.

Lekin roʻyxatda bunday familiyali odam ham yoʻq edi.

Birdan Chaman akaning omonat xati yodimga tushib, kissamdan uni izlab qoldim.
— Shoshmang-chi, mana bu yerda yozgan boʻlishlari kerak.

Xat-qog‘ozni olib, oʻzim hayratda qoldim. Chaman aka uning bir chekkasiga, toʻg‘rirog‘i, xatning ortiga (Yodgormurod olib bergan kezda nimaga koʻrmadim ekan?) yozgan edi: «Darvoqe, uni Marg‘uba Ubaydulloh qizi deb soʻrab borgil. Boʻlmasa, topib berolmagaylar!»

«Marg‘uba? Nima bu? Shunchaki tasodifmi yo oʻsha birinchi kennoyimga mengzab, oʻshanday baxtini topsin deb... qoʻyganmi, Chaman akam? Unda nega Ubaydulloh qizi? Oʻzining familiyasiga olibdimi?! Qanday oladi birovning xasmini?! Yana jonajon oshnasining qaylig‘ini?! Esi joyidami?! Mahfuz kennoyim-chi?! Akam uchun hamma abru balolarga, jabru jafolarga rozi boʻlib, bu yoqlarda tentirab yurgan kennoyim-chi? Qanday rozi boʻla qolibdi bu ishga, birovning nomiga oʻtkazishlariga?! (Balki nikohiga oʻtkazib ham olgandir?!) Xayolimga urilgan ana shu oʻydan oʻzimga kelolmay turarkanman, darbon ayol (holimga achinibmi?) atrofimda girgitton boʻlib qolgan edi:
— Oʻtiring, voy, opovsi. Birpas nafasizzi rostlang. Hech qisi yoʻq, shundan shu yoqqa kelganingizda — xijolat boʻlmang, topiladi, topilmaydigan narsa bormi? Manavi choydan bir hoʻplang, zora eslab qolsangiz...
— Yoʻq, topdim, — dedim oʻzimni tutib olib. — Mana, Marg‘uba Ubaydulloh qizi ekan. Qaramagan ekanman.
— Ie, anuv tili bir shirin, koʻhlik ayol boʻlmasin tag‘in. Soʻzlari sal ketib-ketib qolayatuvdi. Og‘acha kelinmi? — Haliyam yuzining jonoqi olmadek qizilligi qolmagan ayol roʻyxat ustiga engasharkan, yuragim orziqib tushdi.
— Shunday boʻlishi kerak, Tangritog‘ tomonlardan tushishgan, — dedim.
— Kelin boʻlib-a? — dedi ayol bir qiyo qarab qoʻyib.

Men (yuragim uvushib!) nima deyarimniyu qanday tushuntirarimni bilmay... (Koshki bu tarixni ochib boʻlsa hammaga!) noiloj, bosh irg‘adim.
— Bizam shundaymi, deb oʻylovdik boyaqishginani,— deb turib, quvonib ketdi. — Ha, mana — aytgan odamiz, Ubaydulloh qizi. Hammaga qanchalab odamlar kelganda bu ayolni hech kim yoʻqlamasdi. Savob ham kerak deb yoʻqlab chiqarduk. Yaxshi kepsiz, opovsi. — Ayol bir nozik gapi bor odamdek ichkaridan aylanib, chiqib keldi. — Kechirasiz, soʻraganning aybi yoʻq, kimlari boʻlasiz?
— Qaynilari, — dedim u oʻzini yaqin olib bir narsa demoqchiligini anglagandek boʻlib. — Nima edi?
— Unday boʻlsa, sizga xolis bir gap-da, — deya azza-bazza qoʻltig‘imdan olib, bir chetga boshladi, — boyaqish musofirgina ekan, qolaversa, qiz boladek narsa: jarrohlar qoʻliga tashlab qoʻymanglar bunday. Ruxsat bermanglar.
— Nimaga ruxsat, qanday ruxsat? — dedim nima gapligini anglab-anglamay.

Ayol koʻzlarimga iltijoli boqdi:
— Tushuning siz, jarrohlarga nima! Kesadilar — qutuladilar-da. Lekin jabr-jabr kimga boʻladi — unga boʻladi. Ayol narsaga. Rozilik bermang. «Joyidanam» boʻladi ba’zan bunaqa narsalar... Irimini qilsa, san koʻr-man koʻr boʻlib, oyoqqa turib ketar-midi...

Men yuragim hapriqdi:
— Oyoqlariga nima boʻlgan?..
— Aytmoqchi, hali Siz bilmaysiz-a. Boyaqish tahorat yangilayman deb vannaxonaga kirgan ekan: tiyg‘onib tizzasini urib olibdi. Oʻsha — doʻngalakdek shishib ketib, yurolmay ham, turolmay ham qolsa deng. Boʻlmasa, namozini oʻqib, bir chiroyli yuruvdi. Ranglari ham yaxshi boʻp qoluvdi.

Men qaytarib soʻradim:
— «Bir chiroyli yuruvdi?» — Nazarimda, boshqa birov bilan chalg‘itayotgandek edi.
— Ha, opovsi, tashqariga ham sekin-asta chiqayotgan edi. Faqat manavi falokat — oyog‘i ostidan chiqib, yomon boʻldi. Shuning uchunam kasali «joyi»danmikan, deyman. Eskichadan xabari bor Hoziq tabibga koʻrsatish kerakmidi. U kishi xorijdan kelganlar, shu shah-rimizdalar. Birov birovga sababchi boʻladi-da, opovsi.

Boshda xushroʻyginayu iymanchoqqina koʻringan qishloq ayolining birpasda shuncha gapni gapirib tashlaganigami yo kennoyim haqida hech narsa bilmay yurib, birdan shuncha narsadan xabar topganimgami, boshim aylaniblar ketgan edi:
— Maslahatingiz-chun rahmat. Koʻrib chiqay-chi, avval, — deb men qoʻzg‘olib, ichkari oʻtishga chog‘lan-dim. — Qaysi xonadan... soʻrayman?
— Iloy, Xudoyim Sizni oʻzi yetkazgan boʻlsin, — eshikbon opa oldimga tushib, girgitton boʻlib yoʻl koʻrsata boshladi. — Mana, shu teraklar tagi bilan borib, huv, anavi oldi peshayvonli binoga oʻtasiz. Derazasi shu yoqqa qaragan kunjakdagi xona. Hamshiralardan soʻrab, kirib boravurasiz.
— Rahmat.
— Faqat boyagi gapni unutmang-a?
— Yaxshi, opajon, — men tashakkur aytib, yog‘ tushsa yalagudek yoʻlkadan azamat teraklar tagi bilan yura ketdim. Ular hali quv yalang‘och boʻlsalar-da, bir goʻzal saf tortgan edilar. Kechki oftobda uchlari yonib ketgudek zarhallanib turar, ammo mening butun fikri-zikrim shu yoʻlka adog‘idagi peshayvonli binoda edi. Koʻzlarimni uning shu yoqqa qaragan eng chekka derazasidan uzolmasdim. Nimaga ichim qurib, hapriqayotir, desam, kennoyim bu ahvolda yotgan ekanlar-da. Bizni bir koʻrishga ilhaq boʻlib? Shu kunlarga tushib? Chaman akam bejiz tayinlamagan ekan. Oyog‘ini qachon urib olibdi, u ketgunchami yo undan keyin? Bechora kenno-yim, shu koʻrgiliklari ham bor ekanmi musofirligi ustiga?

Huzuriga kirib boryapmanu ichim yonib, boʻg‘zimga zoldirdek qaynoq bir narsa tiqilib kelyapti. Yuragimni bir nima timdalaydi. Undan nimtalab tashlagani ma’qul edi. Yengil tortarmidim... Qayni boʻlib, bizdan nima koʻrdi? Shu holga tushgunchayam qidirib topmabmiz! Holidan xabar olmabmiz! Akamning, akajonimning hurmati shumi edi?!

Qalbimning eng chuqur, eng ingichka yerlarida tushunuksiz, (oʻz-oʻzimdan shekilli!) bir norozilik ul-g‘ayib, bir hayqiriq qaynab kelayotir. Uyat! Qanday uyatli hol!... Koʻksim xuddi mijmarga, ha-ha, oʻt tutashgan koʻksga oʻxshab kuymoqda goʻyo, dudi ichimga sig‘may ketayotir.

Dimog‘imga bir g‘alati hid va dudlar uriladi. Goʻyo birov shu yaqin atrofda mijmar atalmish idishda mushk-anbar tutatayotgan kabi. U shu atrofdan gupurib kelyaptimi, ich-ichimdanmi — oʻzim bilmayman: Mana, sizga oqibat! Tag‘in biz jigarmishmiz! Jigarimizning jigariga jigar boʻlolmabmiz-ku! Akam kelganda oldiga qaysi yuz bilan «Voy jigarim»lab boramiz? Bag‘riga oʻzimizni tashlaymiz?

Uyat, xijolatpazlik, shuncha vaqtdan beri holidan xabar ololmaganimiz — barcha-barchasi qoʻshilib, bir tarafdan ichimni tirnab borayotgan boʻlsa, boshqa tarafdan nihoyat daragini topib, eng mushkul kunda oldiga yetib kelayotganimdan, mana hozir meni koʻrib qay alpozga tushuvidan yana bir hayajondaman. Xushi uchib, esi og‘ib qolmasa koshki edi! Balki avval xabar berib, keyin kirib borishim lozimmidi?

Qibrayning oq yuz, tim qora koʻzli qishloq qizlari hamshira boʻlib ishlashar ekan.
— Keling, kimga kelib ediyiz? — deb xayoligina iymanib, oʻrnilaridan qoʻzg‘olishdi.

Men aytdim-u, shu ondayoq yuzlarida g‘alati jiddiylik koʻrib, qoʻrqib ketdim:
— Oʻzlari... yaxshimilar ishqilib?

Hamshiralardan biri xuddi «Siz soʻragandan beri!» demoqchidek yuz burib, ishga chalg‘idi. Va shu asno sherigiga buyurdi:
— Oʻzing boshlab kira qol, Dil!

Uning bu muomalasi menga ayil botdi: «Sadqai qarindosh keting», deb yuzimga solgandek edi. Koʻksimda bir nima simillab, tilib oʻtdi. Shu asno ikkinchi sherigi oʻsma qoʻygandek qora qoshi bir chimirilib, oldimga tushdi:
— Yuring.

Javobi ham zardalikkina edi uning. Yuragim shuv etdi: chindan og‘irlashib qoptilarmi, kennoyim?

Qadamimni tezlatib, hamshiraga yetib olishga shoshildim. (Uning ikki oʻrim sochi uzunligidan taqimini oʻpay-oʻpay der, oʻzi oq xalat ustida qoʻsh ilondek toʻlg‘onar edi, tavba.)
— Hoy, singlim, — dedim yurak yutib, ham shivirlab, — nima boʻlgan u kishiga? Biz endi xabar topib kelyapbiz, — men oʻzimni oqlashga urinarmidim yo ahvolini bilishga oshiqarmidim, ajrata olmasdim. Harqa-lay ikkisi ham boʻlsa kerak.

U oʻgirilib, tanbehnamo boqdi:
— Shovqinlasangiz, kiritmayin qoʻyaqolishadi, — dedi sekin, — bilmaysizmi, bizda qanday nozuv kasallar yotishini?
— Bilaman, bilaman, — dedim shivirlab, ham nafasim ichimga tushib. Axir shundan shu yoqqa topib kelganimda kiritmay qoʻysalar, kimga zarar! — Oʻsha chekkadagi xonadalarmi? — dedim yalingannamo.
— Oʻsha, faqat koʻp qolib, toliqtirib qoʻymaysiz. Kuni bilan mijja qoqmadalar, — dedi u kennoyimga achinib. — Qoʻlingizdan kelsa, yaxshi soʻzlar bilan koʻngillarini koʻtaring. Balki Sizning qadamingiz sharofati bilan... operatsiaga rozilik berib qolarlar.

Xayriyat! Hali rozilik bermagan ekanlar-ku! Yuragim gurs-gurs urib, boʻg‘zimga bir nimalar tiqiladi. Goʻyo koʻksim toʻla kaptarlar potir-potur uchib yotibdilar. Oʻzim esa nuqul titrab-qaqshayman. Hatto eshikni qoqishga... holim yoʻq. Nihoyat... zoʻrg‘a, sekin qoqdim. Oʻzimga ovoz bitganiga oʻzim hayronman:
— Mumkinmi?

Karavotning tag simi ingranib-g‘ijirladi, ammo ichkaridan hech ovoz chiqmasdi. Hamon yuragim potirlab, xalqumimga tiqilib kelyapti. Nahot topdim deganda, kechikdim? Balki koʻzi ilinib, eshitmagan chiqar? Eshikni qiya ochsam, toʻrdagi karavotda bir burdadek boʻlib, yuzi boʻzdek oqargan birov koʻzlari javdirab yotibdi. Hayhot, bu koʻzlar juda tanish, faqat uni mung aralash yolqinidangina tanib olmoq mumkin edi!
— Ie, kennoyijon! Nima boʻldi? — Men otilib kirib borib, yonlariga choʻkmoqqa chog‘landim.
— Kim? — u javdirab turib, ovozimdanmi, nimadan tanib qoldi. — Voy, Maqsudxon, sizmusiz? — deya tirsaklariga tiralib bosh koʻtargan joyida... qay bir yeridagi og‘riqning zoʻridan lablarini qimtib jim qoldiyu... — kechirasiz, — deya benajot boshini qayta yostiqqa tashladi.
— Urinmang, qimirlamang siz, kennoyijon. Menman, Maqsudman. Mana, topib keldim. Endi hammasi yaxshi boʻlib ketadi, koʻrmaganday boʻlib ketasiz.

Oʻzim unga taskin beryapman-u, kipriklari ostidan sizib chiqayotgan, nozik-ado ajinlarini yuvib tusha boshlagan koʻzyoshlarini nima qilarimni bilmay... (artib qoʻyarga esa jur’atim yetmay) piqirlab qolyapman. Boʻg‘zimga nimadir tiqilib kelib, shoʻrtang bir nimalar lablarim chetidan sizib kirayotganday. Koʻz oldim tumanlanib, hech narsa ilg‘ay olmayotirman. Koʻrolmayapman-u, kennoyimning pinqillagan ovozidan hoʻngrab yuborgudekman. Lekin oʻzimni bosmasam boʻladimi, bosdim:
— Men Sizga zoʻr xabarlar olib kelganman, kennoyijon. Zoʻr tabiblar, xorijdan kelgan tabiblarni topib qoʻyganman, — deb tasallilar bera ketdim. — Hali otday boʻlib ketasiz... koʻrmaganday boʻlib ketasiz. Men Sizni bu yerlarda yotqizib qoʻymayman, oʻz oyog‘iz bilan yurgizib olib chiqib ketaman, — derdim, va’dalar berardim. Ostonada birov turgandek tuyulib, oʻgirilib qarasam, boyagi hamshira: lablari uchib-uchib turgan ekan, eshikni sekin yopdi. Men uyalganimdan oʻzimni tutib, turib oʻtirdim-da, goʻyo hech gap oʻtmagandek, yana yangiliklarga tushdim:
— Sizga Oytoʻra buvi salom aytdilar. Yodgormurodiz soʻrab-soʻrab qoldi: «Ayajonumni sog‘undum, har ikkala koʻzlarim ila sog‘undum», deydi.

Vo ajab! Og‘riqning zoʻridan ingrab yotgan odam koʻzlari yaraqlab ochilib ketsa boʻladimi! Yuzlariga ichdan bir ajoyib oq-qirmizi (boshqacha oʻxshata olmadim!) rang yugurdi.
— Yodgortoyum-a? Menu murodum-a? — dedi toʻliqqan bir tovushda. — Oʻzu qanday? Ichikib qolmabdimu? Qiyun boʻldu bolam boyaqishga. Qiyun boʻlgandan oʻshanga boʻldu.
— Yoʻq, unday demang. Bir aqlli, bir moʻmintoy bola boʻlibdi Yodgormurodingiz. U meni Sizlar turgan boloxonalarga opchiqdi. Olmagulli jimit choynaklariz ichidan amaqusining omonatlarini olib berdi, — dedim kennoyijonimning chiroyini ochay, oʻzini xursand etay, deb.
— Shunaqamu? Katta yigit boʻlib-a?
— Boʻlganda-chi! Hali qarab turasiz! Anvar mir-zoday bir yigit boʻlsinki, kelinlikka Ra’no qizlarni izlab yuring! — deb yuboribman. Oʻzimning gapimdan oʻzimni olovim chiqib ketdi. Ammo bu gap kenno-yimga yoqqan, mahzun jilmaygancha qoʻlini duoga ochgan edi.
— Oʻsha kunlarga yetkazsun, ilohum, — dedi yuziga qoʻl uchlarini surtib. Soʻng mening oldimda choʻzilib yotishga oʻng‘aysizlanibmi, boshini koʻtarib, jilla qursa, turib oʻtirishga unnaldi. Ammo oʻsha oyog‘imi, nimadir qaddini koʻtarishga qoʻymas, u labini tishlagancha qolgan edi. Men shoshib:
— Qimirlamang, urinmang Siz, — deb yelkasidan bosib, yostiqlarini toʻg‘rilagan boʻldim.

Kennoyim shu yillar ichida oʻzini ancha oldirgan, yuz-koʻzlaridagi oʻsha ma’sumlikni demasa, og‘ir dardga chalingan boshqa birovga oʻxshatib, tanimaslik ham mumkin edi daf’atan. Lekin tovshi, soʻzlari, uni koʻksidan chiqarib, Tangritog‘ tomonlilarga oʻxshab, bir chiroyli talaffuz etishi oʻsha-oʻsha edi, boqishlari oʻsha-oʻsha muloyim, oʻzgarmagan edi. Faqat koʻz qarashlarida mahzunlikmi, munis siniqlikmi koʻpaygandek. Balki manavi dard ham, yolg‘izlik ham yengib qoʻygandir, qiynab, benajot qoldirgandir. Axir musofirlik osonmi, yolg‘iz ayol boshiga?.
— Baxay, kennoyijon, bu yerlarga tushib qolibsiz? Nima boʻldi? Nima lozim? Ayting, tabib desangiz tabiblarga olib boray. Doʻxtir desangiz doʻxtirlarga. Faqat bunday yig‘lamang. Esingizdami, siz meni naqd oʻlimdan olib qolgan edingiz. Shunday kunda endi men yaramasam, qachon yarayman! — deb yer tizzalab olgan, goʻyo poylariga bosh urib turar edim.

U esa koʻzlarida yosh, bir og‘iz bir narsa deya olmay, yig‘isini qult-qult yutgancha yotibdi. Faqat koʻzlarini uzmaydi, ora-sira kaftlari ila mijjalarini artib, oʻsha qoʻllari-la boshimni silaydi, sochlarimni toʻg‘rilagan boʻladi. Koʻzlaridan olam-jahon minnatdorchilik, rahmatlar oʻqiyman. Shugina menga taskin berib turibdi. Boʻlmasa, oʻzimni tutolmasligim aniq. Axir men kennoyijonimni shu alpozda topaman, deb oʻylabmi edim?! Qani u goʻzal xilqat? Olloh akam uchun yaratib, pardai ismatida asragan farishtasi? Marg‘ubaning oʻrniga bergan mahbubasi? Shunday imtihonlariga roʻbaroʻ etibdimi bu suygan bandasini?..
— Rahmat, qaynujonum. Mana, kepsiz, shuning oʻzi yetadi menga, — dedi u toʻliqib. — Boshim osmonga yetdi. Shu kecha tushlarimga Hizrdek oppoq bir qariya, nurludan nurlu bir moʻysafid kirib yuribdu. Kitob-larda koʻrganumiz, she’rlarini yod olganumiz oʻsha hazrat Navoiygami, kimga oʻxshab ketadu, tavba. «Qizim, koʻpam qayg‘urmang, dardingizning davosi bor, inshaalloh, Sizni yoʻqlab kelishgay. Meni qidirib topsinlar», deydu. Ertalabdan beri hayron edum nima ekan deb. Mana, najot farishtasudek oʻziz kirib keldungiz. Endi qoʻrqmayman. Sizni Xudoyimning oʻzi yetkazdu, — deb qoʻllarimni tavof etib, barmoqlarimning uchini oʻpib qoʻyar, hov bir vaqtdagidek ma’sum-ma’sum jilmayar edi.

Uning bu ishidan jonu jahonim yorishib, oʻrnimdan turib olgim, bozorliqlarimni ochib, oʻsha ilingan narsalarimdan jilla qursa, ikki donagina nokniyu Oytoʻra buvi berib yuborgan qalampirmunchoqni qoʻllariga tutqazgim kelardi. Axiyri olib:
— Mana, men Sizga nimalar olib keldim, qarang,— dedim.
— Voy, halim nokmu? — kennoyim azza-bazza boshini koʻtarib, tirsagiga tiraldi. — Hidinu qarang, asal tortub ketipti-ku!..

Darhaqiqat, undan asal hidi gurkirab, oʻzi sariq ipakdek jilvalanar edi.
— Bir kampirshodan oldim bu jannatning mevasini. Duo qilib yeyar ekansiz.
— Rahmat, — dedi u chiroyli kiprik qoqib. (Aftidan mutaassirlanib, og‘riqlariyu qayg‘ularini bir zumgina unutgan edi.) — Bunisu qalampirmunchoq-ku. Rahmat. Shundan shu yoqqa ilinub... koʻtarub yurubsiz,— dedi u.
— Uni buvi berib yubordilar. Hidlab turarkansiz, g‘uboringizni olarkan.
— Voy, shundaymu? Baraka topsunlar. Menga yaxshilik sog‘inganlarnu Alloh qoʻllasun, oʻzi aziz qilsun, — dedi u yana ham ta’sirlanib. Koʻzlari chaqnab, yoshmi — nima yiltilladi. — Qani edu, tushlarum oʻngudan kela qolsa.
— Inshaalloh, oʻshal koʻringan odamni-da, topgaymiz. Bekorga belgi bermagan,— dedim eshikbon ayolning gaplari rost kelayotganidan oʻzim ham hayratlanib.
— Valloh, farishtalar omin deb turgan boʻlsun. — U mijjalariga qalqib chiqqan yoshlarni artib, boyagidek minnatdor tikildi. — Oʻsha-oʻshasuz-a, qaynujonum, kichikoyumlarning, kattabog‘liklarning hidinu tuydum, rahmat.
— Shoshmay turing, yana oʻshoqlarga opchiqib ketaman. Axir Siz qang‘liliksiz, — dedim men.
— Qaniydu, Kattabog‘nu qaytub bir koʻrsam, Sizlarnukuga chiqsam. Anuv Olmazorimiznu bir aylan-sam — armonim yoʻq edu. Padaribuzrukvorimiznu, volidai mukarrama onamiznu koʻrgandek boʻlar edum. Ular yetisholmagan joyga men yetar edum, — dedi toʻliqib va yana koʻzlari qayta namlanib kela boshladi.
— Ulguramiz-ulguramiz. Hali hammasini buzib, qoʻporib bitirishganicha yoʻq. Olmazor shunday turibdi, egasiz bog‘day, — dedim.
— Qanday? Hali u tomonlarnu ham buzishyaptimu? Shaharga qoʻshib yuborishyaptimu? — dedi u tashvishlanib.
— Qoʻshib boʻlishdi hisob. Hech vaqo qolmadi Kattabog‘imizdan.
— Sizlarnukuni hammu? Oʻshal qoʻrg‘on, oʻshal uylarnu-ya? Bir nishon qoldurmayin-a? — dedi u sarosimaga tushib. Oʻzi azza-bazza turishga unnaldi-yu, ammo turolmadi. Men uning ustida girgitton boʻlib, tasalli berishga urinardim:
— Yoʻq-yoʻq, bog‘imiz turibdi. Faqat tomni ochib, koʻchib ketdik, xolos. Surib yuborishganicha yoʻq hali.

U koʻzlarini yumib, bir muddat jim qoldi, soʻng «Oʻzingga shukr, Allohum, sharmisor etmabsan», deya shivirladi...

Nihoyat, xasrat toʻla koʻzlarini ochib:
— Ishqilub... oʻshal biz turgan paxsalu uy... omonmu? — dedi allaqanday termulib.

Shu topda bir og‘iz bemavrid soʻz bilan uning koʻnglini chil-chil qilib qoʻyishim mumkin edi: tilim zoʻrg‘a aylandi:
— Omonligi shuki, tomi ochuq, yolg‘iz devorlari qolgan...

Kennoyim yengil tin oldi:
— Shunisigayam shukr. Surib tashlashsa nima qilardum?! — dedi u. Keyin menga termulib, oʻtina ket- di: — Yaxshiyam kelubsiz. Endi sizdan iltimos, qaynujonum. Tez borgaysiz, surib yubormaslaridan borgaysiz. Oʻshal uyda — bilasiz-ku, men turgan uyni — oʻsha katta uyda bir narsa qoldurib edum. Akangizga atalgan narsalar... Tushunyapsizmu, omonat edu. Qachondan beri ich-etimnu yeyar edum. Oʻshanu olmoq lozum.

U nima oʻzi, qanday omonat? Turibdimi, yoʻqmi hali? Qaerida edi? Soʻragim kelib ketyapti-yu, qani tilim aylansa! Aylanmayapti, tanglayimga yopishib qolgan. Oʻzidan koʻz uzolmay yutoqaman nuqul: nima u, ayta qolsa-chi?!
— Oʻrtadagi tokchanu bilasiz-a?.. Oʻsha yerda edu.
— Tokchadami? — dedim hech nimaga aqlim yetmay: tokchada narsa qoptimi? Ship-shiydonini chiqarib koʻchganmiz-ku?..
— Yoʻq, tushunmaduz: taginu urib koʻring, poʻkillaydu. Oʻsha yeruda. Ochsanguz olasiz u bitiklarnu.
— Bitiklar? — dedim hayratga tushib. Ammo daftarmi, nima, deb soʻrolmasdim. Ichim toshib bormoqdaydi.
— Ha, qaynujonum, — dedi u. — Odamlar nima deb oʻylasalar-oʻylasunlar, lekin men Alloh shohid, akangiz oldularida pokman. Uyatlu emasman hech. Jilla qursa, mana shu bitiklar — bizning qissamiz guvoh boʻlsun! Jon qaynum, mumkin boʻlsa, olib qoʻying. Shu qog‘oz, shu daftarlarnu! U kishini qaytub koʻrish... nasib etmasa... — U ichi toʻlib kelib, azza-bazza yuzini burib oldi,— berarsiz bir kun.— Ammo koʻrib turibman: koʻzlaridan duvillab oqqan yoshlar... yuzlarini yuvishdan uyalgan kabi pastga chopqillab yostiqqa oshiqar va unga singib yoʻqolar edilar.

U qancha, necha daftar — soʻragim-bilgim bor-u, soʻray olmasdim. Darvoqe, ularning ayriliq qissalari qanchalar uzun — nimadan boshlanib, nima bilan tugaydi, men qaerdan ham bilardim...

Kimlar Kirar Mushfiqaning Tushiga?..

Nihoyat, men turar boʻldim. Oqshom choʻkib, qaytar mahalim yaqinlashgani sayin ichim g‘urmishlab bormoqda edi: Nima qilsam ekan? Avval qayoqqa oʻtsam? Eski hovlimizgami yo anavi «Opovsi» opa aytgan joyga? Qay biriga ulguraman? Opa aytgan, Mahfuz kennoyimning tushlariga kirib, belgi berayotgan tabibni desam, eski uyimiz qolyapti, uni desam bunisi. Biri-biridan zarur — muhim. Ayniqsa, anavi bitiklarga ichim tushib boryapti. (Hozir oʻtsam, hozir topib oladigandekman, u «mahfuz» xatlarni! Ammo keyinga qoldirsam... bir umrga yoʻqotib, ajrab qolsam-chi? Axir xaroba joyni kim tutib turardi?! Bugun bor, ertaga surib tashlamasliklariga kim kafolat bera oladi?! Keyin qaysi tuproq ostidan izlaysan?!)

Men eski uyimizga oʻtib, maktubni izlab yursam-u, bu yoqda jarrohlar kennoyimning oyog‘ini kesishga qaror qilib qoʻysalar-chi? Yoʻq, shuncha yotgan qog‘ozlar yota turadi, tabib zarurroq! «Tushlarimga Hizrdek oppoq bir qariya, nurludan nurlu bir moʻysafid kirib yuribdu» deydi. Bejizmas shekilli. Nimadan belgi berayotibdi ekan u?..

Kun ketib borar, ammo oʻzim qay biriga ulgurarimni bilmasdim. Axiyri qoʻzg‘oldim.
— Xoʻp kennoyijon, men endi boraqolay, — dedim ruxsat soʻrab. Ammo oʻzim hech ketgim yoʻq. Hatto turishga koʻnglim boʻlmay... imillagandan imillayap- man. — Oʻsha belgi berayotgan tabibni... surishtirib koʻrayin-chi?

Bechora kennoyiginam!.. Men uning koʻngliga qarab tepasidan jilolmayotganimdan bir mutaassirlansa (koʻrib turibman: qora oludek koʻzlari yoshlanib-yoshlanib kelmoqda, lekin mijjalaridan oqib tushishiga hayosimi — nimasidir qoʻymayapti), tushlariga kirguchi tabibdan og‘iz ochib meni tashvishga qoʻyganidan ming xijolatda...
— Oʻzingizga qarang, tushga nimalar kirmaydu, axir...
— Anavi Opa ham aytayaptilar: «joy»dan boʻlsa, armon boʻlib qolmasin deb. U kishi qaerda turishini biladikanlar. Boraveray, zora nafi tegsa.

Kennoyim ich-ichidan rozi-yu, oʻzi oʻsha tabibga umid tutib yotibdi-ku... sezdirgisi, meni tashvishga qoʻygisi kelmasdi. Chalg‘itibmi, hadeb boʻlak narsalardan og‘iz ochardi:
— Darvoqe, u yoqda kichigoyum qalaylar? Kelinposhsha-chi? Duolarini olub oʻtiribdularmu? Salom aytub, soʻrab qoʻyasiz. Biz uyatlularni... kechirolsalar kechirsunlar, kichigoyim. Xudoyumning xohlashu ekan, shunaqa ishlar boʻlub kettu.

Men oʻzim turib olganman-u, yana taskin-tasalli beraman:
— Hechqisi yoʻq. Mana, daraklariz chiqib, oʻzizni topdik-ku. Hali eshitib, bir yerga yetadilar. Balki qistab qoʻymasalar, olib ham kelarman.

Kennoyim yotgan yerida bir g‘alati — iltijoli tikildi.
— Unda... unda aytmay tura qolung, jon Maqsudxoʻjam... Menu bu ahvolda koʻrub, kuymasunlar. Sal oʻzumga kelub olay, xoʻp?
— Mayli-mayli, — dedim ich-ichimdan bosib kelayotgan xoʻrliklarni yutib. Unga biron narsa deyay deyman-u, boʻg‘zimdan hech soʻz chiqmayotir. Ammo oʻzim tepasiga kelib, yonginasiga tiz choʻkib olganman. Mijjalarining chetidan duvillab oqib borayotgan, nori ustidan chopqillab oʻtib, quloq yumshog‘i tagiga, undan yostiqqa singib ketayotgan yoshlarni kaftim ila sidirib toʻxtatib qolmoqchi, artmoqchi boʻlaman-u, qani eplay olsam, jur’at etolsam. Yig‘lamang, kennoyijon, u kishiga aytish qochmaydi, avval tuzalib oling demoqchiman-u, aytolmayapman. Boʻg‘zimdagi oʻsha narsa, oʻsha xoʻrliklar bir boʻlib, qoʻymayapti. Boyaqish, kennoyiginam. Akamni deb kelib, shuncha tashvishlarga qolgan ekanmi?

Alammi — nima, shuncha xoʻrliklarni qult etib yutib yuborishga qoʻymas, imkon bermas edi, nihoyat bir yutunib — yengil tortdimu:
— Xoʻp, kennoyijon, xoʻp, — dedim. — Siz aytgancha boʻlsin. Ammo ishoning, sizni bu ahvolda tashlab qoʻymaymiz. Albatta, tuzatib olib chiqib ketamiz. Qarab turing, oʻz oyoqlariz bilan yurib chiqib ketasiz. Opchiqib, yangi joylarimizga olib boraman. Yana oʻzimiz bilan turasiz. Xuddi ilgarigi vaqtlardagidek. Bu yoqdan Yodgortoyni opchiqamiz. Odamlar koʻrib qoʻyishsin, bularning qanday jujug‘i borakan deb...

Voh!.. Shu yerga kelganda tilimni tishlab qoldim: men ovsar, men haftafahm, nimalar deb valdirayapman, oʻzim bilmay qayoqlarga oʻtlab ketyapman?! Koshki bir nimani bilaqolsam!..

Haytovur, kennoyim anglamay qoldi. Fahmlab qolsami, bilmadim, qay alpozga tushar edim.

U boʻlsa, mijjalariyu koʻz yoshlarini artib, jilmayishga urinar, mutaassir bir holatda:
— Inshaalloh deng, Maqsudxoʻja, farishtalar ham omin desunlar... — deb shivirlaru oʻziga kelolmasdi.
— Inshaalloh, inshaalloh, — derdim men qayta va qayta, — yoʻq yerdan daragingizni chiqargan Ollohim bu yog‘ini ham oʻnglaydi. Qoʻllaydi. Siz mahkam boʻlavering faqat, — deb daldalar berardim.

Soʻng xayrlasha boshladik. Qaytish taraddudiga tushganimni koʻrib, u birdan oʻzgarib qoldi. Koʻzlari javdirab, bir nimalar demoqchi boʻladi-yu, aytolmaydi. Istiholaga tushib, dardini ichiga yutyapti. Qaytdim. Kelib, jur’at etib-etmaygina yostiqlarini toʻg‘rilashga tutindim. Ammo oʻzimning ich-ichimdan ham bir turlik xoʻrlikmi — nima bosib kelyaptiki, qoʻllarim, barmoqlarim titrab boryaptilar.
— Yana biron gapingiz boʻlsa, tortinmang, — dedim zoʻrg‘a, — ertaga kelishimda...

Uning mijjalariga ikki tomchi yosh qalqib chiqdi.
— Ertaga menu... menu topolmay qolasizmu deb... qoʻrqamen.

Men shoshib qoldim. Ichimdan oʻt chiqib ketdi!
— Nega unaqa deyapsiz, kennoyijon? Axir, kelishdik-ku, men tabib topib keladigan boʻldim-ku. — Men yana uning yoniga choʻkib olgan edim: — Unaqa xayollarni... boshingizdan chiqarib tashlang...

Kennoyim sochlarimni silab, mahzun yutindi:
— Sarson boʻlib qolmang deb... aytayotirman.
— Sarsoniz nimasi?
— Gap shundaki... Ertaga koʻchirishmoqchu... boshqa bir yoqqa.
— Nega, bu yer-chi?

U boyagidek toʻliqib yutindi:
— Kesmasalar boʻlmas emush... Biron boshqa kasalxonada.
— Siz... Siz rozilik berdingizmi? — dedim titrab. — Axir tushingizga kirgan, kirib yurgan odam-chi? Bekorga belgi berayotirmi?

Kennoyim mungligina mung‘aydi:
— Rozilik bermaganumda... u kishinu topishnu ayting. Kim soʻroqlaydi-yu, kim topib keladu?
— Mana, men-chi? — dedim sidqidildan, — sizni topib kelganda, uni topolmaymanmi?

Uning koʻzlari yonib, yuzlari yorishib keldi:
— Siz... Siz nimaga ishonub, bunday deyapsiz?

Men darvozadagi xushroʻy ayol — «Opovsi» opani eslatdim.
— Oʻsha ayol ham kasalingizni «joy»idan deyapti. Siz bir-ikki kun rozilik bermay turing.
— Voy, u kishi aytdularmi? Taniyman-taniy- man, — dedi kennoyim jonlanib. — Kun ora kirib, soʻrab-surishtirub, tansuq-tansuq narsalar koʻtarib kelub, odamni bir hijolatlarga qoʻyadular.
— Xoʻp desangiz, oʻsha opa aytayotgan tabibni izlab koʻramiz. Yo oyimlarga aytaymi?
— Qaydam... yana Sizni tashvishga qoʻyib-a? Tushga nimalar kirmaydu, axir.

Endi men unamadim:
— Bu yog‘ini menga qoʻyib bering. Topib kelaman dedimmi, topaman!

Nazarimda men izlasamoq, bas edi, Xudoyim oʻzi qoʻllaydigandek, oʻsha tabibni yoʻliqtiradigandek edi. Nimadan bu — oʻzim bilmayman. Balki kelinoyimga azbaroyi bir yaxshilik qilgim kelib ketayotganidandir, u yog‘ini oʻzim bilmasdim.
— Xoʻp, men qaytdim, — dedim axiyri eshik tomon yurib, — Siz duo qilib yoting.
— Maylu, yaxshu boring. Yaxshu daraklar ila qaytung, ilohum, — dedi u.

Kennoyim men ketayotganimni koʻrib, jilla qur-sa, tirsagiga tiralib turmoqqa, turib xayrlashmoq-qa chog‘landi-yu... shu chog‘ nimadir boʻlib, daf’atan ingrab yubordi. Va «ix» degancha lablarini tishlab qoldi.

Yugurib bordim:
— Sizga nima boʻldi, nima qildi, kennoyijon? Aytaqoling, — deb oʻtinardim. Qoʻrqib ketganim shunchalik!

U sal uzanib ingrandi, oʻshal alpozda tizzasini silashgami, uqalashga tutindi. Men nima qilarimni, ustini ochib tashlab, oyoqlariga qarashni ham, yordamlashib yuborishni ham bilmasdim. Oʻzlaridanmi, kimdan izn kutib javdirardim. Kennoyim esa, rangi qum oʻchib, mijjalarining tagidan tirqirab yosh chiqqancha qolgan edi. Nihoyat, qimtilgan lablariga jon bitib:
— Ayting, qarab yuborishsin... — dedi.

Shundagina hamshira chaqirish xayolimga kepti. Oʻpkamni qoʻltiqlab, yoʻlakka chopdim:
— Hoy, qizlar, qaerdasiz?..

Mening shovqinimga oʻrtadagi xonadan oq xalatli qizlar yugurib chiqishdi:
— Nima gap, nima boʻldi?
— Qaray qolinglar, iltimos. — Ular kirishdiyam, men oʻzimga kelolmasdim, hatto kirib borolmasdim: Bechora, shunday dard chekib yotgan ekanmi hali? Boshiga tushgan shuncha koʻrgiliklar kam ekanmi?

Qizlardan biri qaytib chiqib, jonsaraklik ila jomu bint koʻtarib hatto kirib ketdi. Nimaga ekan, hech aqlim yetmasdi. Oʻzim ostonadan oʻtolmay turibman. Kirib borishga yuzim chidamayapti. Ustilarini ochib qoʻyishgan boʻlsa, nima deb ham kirdim? Qolaversa, vujudim quloqqa aylangan. Ichkarida tiq etgan tovushga ilhaq turibman. Faqat kennoyijonim sal yengil tortsalar, bas, oʻzlariga kelganlarini bilsam, bas.

Hamshira qizlar qanaqa epaqasiz ekanlar, hamon kalovlanib bir-birlarini shoshirishar, «boʻl, opke, koʻtar»dan nari oʻtisholmasdi. Axiyri bir nima joʻmrakdan oqqandek jomga shovullab tusha boshladiyu kennoyim ingrab yubordi.

Hamshiralar esa ustida aylanib-oʻrgilib, taskin berardilar:
— Hozir, opajon, oqib bitadiyu orom olasiz, qutilasiz. Hammasi shu patosniki, shuning og‘rig‘i...

Men esam hech vaqoga aqlim yetmay, bir yaradan shuncha patos chiqarkanmi deb, tasavvur eta olmay ichim sidirilib boryapti: joʻmrakdan oqqandek patos — qanday zardob ekanki, bir yara tagiga shunchasi yig‘ilaqolsa? Doʻxtirlar uni kesamiz deb vahima qilishgancha bor shekilli?.. Bu orada sochini ikkita qilib oʻrib, orqasiga tashlab olgan boyagi hamshira yugurgilab chiqib, menga urilib ketay dedi. Norozilanib qaradiyu yana ayadi:
— Iltimos, chetroq turing.

Men uzr aytib, ortidan ergashdim.
— Oʻzlari yaxshimilar, yaxshi boʻp qoladilarmi?..

U oynavand javonni ochib bintu malham izlarkan, tavba, qanaqa haftafahm odamsiz, degandek qaradiyu, oʻz ishidan qolmasdi. Meni battar vahm bosib:
— Har kuni shu ahvolmi? Qaytmayaptimi? U kishiga nima boʻlgan? Ayta qoling, jon singlim, — deb yalinishga tushgan edim.

U endi aftimga qaramayin ham oshig‘ich qayta boshladi. Men unga bog‘lanib qolganday ergashib borardim. Palataga yetmasdan yana oʻtindim:
— Jon singlim...

U ichkariga kirib borayotgan joyida — ostonada toʻxtadiyu insof qilib qaytdi. Kelib qulog‘imga shivirladi:
— Jarrohlar kesishmoqchi, oʻsha oyoqlarini, bildiz?! — U mengami, kennoyimgami achingan kabi aftimga tikilib turib, burilib palataga kirib ketdi.

Oyoqlarini kesishadi? Gʻalati-ku! Men ahmoq, men pandavaqi yaralarini kesishadi, ochib tozalashadi,deb oʻtiribman! Bular ana nima qarorga kelib qoʻyishibdi! Yoʻq-yoʻq! Hecham rozilik berib boʻlmaydi! Boshqa ilojini topsinlar! Zoʻr boʻlsalar kesmay tuzatsinlar! Nega kesarkanlar? Axir shuncha sarson-sargardonliklari yetmay, oyog‘idan ham ajraydimi? Biror yaqinidan rizolik olmay turib, qanday kesishadi? Bunga kim rozilik berarkan? Hatto Chaman akaning ham haqqi yoʻqdir. Yoki u akamning rizoligini olgani... qidirib ketganmi? Yo alhazar, yonginamizda shuncha voqealar kechib, biz bexabar qolsak. Kennoyim bu ahvolda yotib, akam u ahvolda — bu diyorlarga qadam bosolmay yursayu, biz yordam qoʻlimizni choʻzolmasak. Qay kunlarga qolganmiz? Yo dunyo oʻzi shunday qurilganmi? Sarsonlik-sargardonliklarning nihoyasi, cheki yoʻq etib tuzilganmi?..
— Sizga ruxsat ekan, erta bilan vaqtliroq kelarkansiz.

Oʻzimga kelib qarasam — boyagi hamshira. Goʻyo u najot farishtasidek:
— Iltimos, aytib qoʻysangiz: kesishga rozilik bermay tursinlar! — dedim titrab-qaqshab.
— Yaxshi, — dedi u ham menga xayrixohlik bilan. Soʻng burilib keta turib yana toʻxtadi. — Aytmoqchi, tabibni axtarib koʻrarkansiz. Tushundizmi?..

Ichimdan bir quyosh chiqqandek boʻlib ketdim: hayriyat, umid tutayotgan joylari bor ekan-ku! Oshig‘ich tashqariga qarab yurdim. Bu xabardan ichim yorishib, qushdek yengil tortgan, hovli sutdek oydin boʻlsa-da, koʻz oldimdan kennoyimning boʻzdek oqargan yuzi, hamshiralarning chopib yurishlari ketmas, qaroqlarim ostida qaynoq yosh aylanar edi.

Ajab dunyo: odamlar yoʻqotgan aziz kishilarini topganda qandoq quvonadilar! Men esam, yosh boladek boʻzlab qaytar edim.

«Hasbiyallohu Va Ne’mal Vakil»

Eski Joʻvada shuncha turib, Taxtapul tomonlarga oʻtib qoʻymagan ekanman, esiz.

Opa jon kuydirib tushuntirar edilar:
— Taxtapulning suvidan shundoq oʻtasizu tushasiz! Tushasiz-da, pastga qarab boravurasiz-boravurasiz. Yarim chaqirim yurmasizdan kichkina jin koʻcha keladi. Buriliboq Tangritog‘lik tabibni soʻraysiz, vassalom.

Men esam, qani tasavvur qila olsam, oʻsha joylarni. Bittasiniyam koʻz oldimga keltirolmayapman. Buni koʻrib, Opa (oʻsha «opovsi» opa-da, qorovulxona be-kasi):
— Unda Sevzordan chiqib kelaqoling. Sevzorni bilasizmi? — deb qoldilar.
— Bilganda qandoq! — Men ichim yorishib sakrab ketayozdim. — Boyadan beri shundoq demaysizmi!

Darvoqe, holamgilarnikida turib oʻqigan kezlarim orasi ikki qadam Sevzordan (biz toshkentliklar suyib shunday ataymiz, asli Sebzor) beri kelmasdim. Jangobda tanishgan doʻstlarim bilan qoʻshilib hali Labzakka, hali Beshog‘och koʻlidagi shaxmatxonaga tentiraganimiz-tentiragan edi. Yutib qaytgan kunlarimiz oʻsha tanti-chapani doʻstlarim qoʻyarda-qoʻymay (borasan-da oʻsha xolanglarnikiga deb!) uylariga olib ketishgani-ketishgan edi...

Aytgan joylari — Sevzorning shundoq biqinida ekan. Tangritog‘dan kelgan tabib oʻsha yerga qoʻnganmish. Toʻg‘rirog‘i, hukumat unga oʻsha yerdagi Boqchada turishga ruxsat etibdi. Azbaroyi siylaganidan. Men shunday deb tushundim. Ammo bu gap g‘alati ham sirliroq edi. Shu hukumat boʻladi-yu, bir tabibga shunchalik izzat-ikrom koʻrsatadimi? Yana kelgindi-muhojir boʻlsa? Tushunish qiyin. Ammo «Opovsi» opa u tog‘liq musofirni bir yerga yetib ta’riflar edilar:
— Voy, u kishini koʻrmabsiz, suhbatlariga yetmabsiz — soʻzlaridan bol tomib, yuzlaridan nur yog‘iladi! Bunaqa halim odamni uchratmagansiz. Nafaslari bir oʻtkir, shunaqa oʻqib, dam soladilarki... kennoyingizni koʻrsatsangiz bilasiz. Albatta, boring, shu bog‘ni aytsangiz — yoʻq demaydilar. Tuz-nasiba ekan, qancha vaqt turganlar bu yerda.

«Opovsi» opa azbaroyi kennoyim uchun qayishib meni qistashini qoʻymasdi:
— Borasiz-a, albatta, oʻtasiz-a?..

... Mana, ketyapman, oʻsha (onalarimiz koʻpam ixlos qoʻyib, bir yerga yetishadigan) azayimxon tabibni izlab...

Soʻrab-soʻrab Makkani topganlaridek, men ham uchragan qoradan oʻsha tabibni soʻroqlab borar edim.

Axiyri qayrilishdagi doʻkon qorovuli — yuzi kepchikday, bujur odam (u qorovulxonasidan darcha ochib, qurut, pista sotib oʻtirar edi) qozoqning toʻqqiz pulidek qilib, tushuntirib berdi:
— Hoʻv anov jin koʻchaga burilasiz. Kirib boravurasiz-boravurasiz, bir oq binoga yetasiz. Oʻsha — Boqcha. Oʻshattan soʻraysiz, tabib toʻramni. Ha, aytmoqchi, bugun ehson ham bor, chamamda. Odamlar chiqishayotib edi, toʻp-toʻp boʻlib... tortinmay boravuring.

Qadamim yengil tortib, jadalladim: ishqilib, unasin-da koʻrib qoʻyishga.

Aytilgan koʻchaga burilib ham edimki, oldinda poʻrim kiyingan bir odam koʻrindi. U qoʻltig‘idagi bozorchiqni avaylagandan avaylab, u qoʻlidan bunisiga olib-erinmas edi. Negadir unga yetib olgim kelib, (nazarimda u ham oʻsha tabibni yoʻqlab borayotgandek), yana jadalladim.

Borsam, Sultonmurod akamlar tengi bir yigit, lekin doʻkondorlardek oxorli kiyingan. Boshida Toshkanni koʻk doʻppisi. (Koʻriboq sezdim: yo puldor, yo savdogar, ikkisidan biri, axir, hamma ham chin-mochinda tikilgan bunaqangi qora kostyum-shimga yetishavuribdimi!) Ammo oʻzi ochiqqina ekan, salomimga takalluf-la alik oldi:
— Vaalaykum assalom, okovsi, keling.

Manzirati ham bir samimiy edi. Iyib ketib, yukini koʻtarishib olgim keldi:
— Menga bera qoling.
— Yoʻg‘-e, og‘irmas, okovsi, odamni hijolatga qoʻymang.
— Beravering, — dedim yaqin olib.
— Unday boʻlsa, maylin. — U yap-yangi, shiqirlab turgan qog‘oz qopchiqni avaylab uzatdi. — Faqat ehtiyot boʻlasiz, nozuvroq narsa edi.
— Nozuvroq joygami? — dedim tusmollab.
— Topdiz, aytuvli bir odamning ziyoratiga. Koʻpdan otlanardim-u, mavridini topib kelolmasdim. Bugun bozor tushsam deng, otliqqa ham topilmaydigan bir nok turibdi! Shu... bu dunyonikimas-da! Jonivor oltinday sarg‘ayib, bol tortib ketibdi. Hidini aytmaysizmi! Gurkiraydi! Shuni ilina qoluvdim toʻramga.

Bitta-bitta yurib gaplashib borayotib edik, kechagi bozorimni eslab, yalt etib yuziga qaradim:
— Shu oʻzimizning Eski Joʻvadan-a?
— Ha-da. Bor-yoʻg‘i toʻrt kilogina ekan. Nasib-da, nasib, — dedi u og‘zining tanobi qochib.

Men bosh silkidim: taxminim toʻg‘ri chiqmoqda edi.
— Demak, har kuni bir xalta-bir xalta optushadi. Roʻzg‘orga yaragulik qilib...
— Kim? — deb hayratlandi hamrohim.
— Kim boʻlardi, oʻsha kampirsho-da, — dedim jilmayib.
— Ha-a, — u tushunib qolib, xandon tashlab kul-di, — demak, siz ham nokiga xaridor boʻlgansiz-da, shundaymi?
— Men besh ketib, kasal koʻrgani olib edim, — dedim rostiga koʻchib.
— Chakki emas, didingiz, — dedi u boshdan-oyog‘imga razm solib.
— Siznikiyam... — dedim men ham bunaqa nokning qadriga hamma ham yetavuribdimi degan kabi.
— Oʻziyam jannatning isi kep turibdi-da, — dedi u tushunib. — Hidlab boqing-a. Mening kaftlarimdan gurkirab kelyapganday haligacha, — deb qoʻlini iskab qoʻydi.

Men uning koʻngli uchungina emas, allaqanday sog‘inib, bozorchiqni dimog‘imga yaqinlashtirdim. Yo qudratingdan! Qopchiq ichidan bol hididan ham oʻtkirroq bir hid gurkirab kelar edi. Faqat ertagi handalaklar shunday boʻy taratishi mumkin. Lekin bu qishi bilan dimlab qoʻyilgan Toshkentning tosh noki edi! Kimga opkelayotgan ekan? Men esam, quruqdan quruq kelaveribman-da?..

Xijolat chekib qolganimni sezib, u jilmaydi:
— Aybga buyurmaysiz, didimiz bir desam, yoʻlimiz ham bitta shekilli? Kimnikiga borayotibsiz?

Bu gapdan ichim yorishib, menam lutf qilgim keldi:
— Kim tabib taqsirnikiga, kim — toʻram taqsirnikiga shekilli?

U oʻziga yarashadigan tarzda xandon tashlab kuldi:
— Kim ilm istab, kim shifo istab deyaqoling!
— Kim nazri bilan, kim benazir, — dedim men. — Qabul ham shunga yarasha boʻlmasaydi!

U hazilim yoqib, yelkamga qoqdi:
— Gʻam yemang, nazir endi oʻrtada boʻla qoldi. Koʻtarishib ketyapsiz-ku, axir.
— Shuni ayting.
— Qolaversa, toʻram qoʻlga qaramaskanlar. Boʻladi-ku: nazari toʻq odamlar — oʻsha toifadan emishlar, — dedi u qosh uchirib.

Har qandayi ham avvaliga shunday boʻlib, keyin qiliq chiqaradi, demoqchi edim, tilim bormadi. Quruq tuhmat qilib qoʻyishdan qoʻrqdim. Balki chindan maqtashganicha bor, xudojoʻydir.

Bu orada gap bilan boʻlib ancha joyga borib qolibmiz. Hov oldinda bujur qorovul aytgandek, oq bi- no — Boqcha koʻzga tashlanar edi. Unga yopishib tushgan darvoza oldida esa, uch-toʻrt odam koʻrinyapti. Ularning ham qulog‘i ichkarida.
— Bemahal kepmiz shekilli, jigar? — dedi sherigim ham koʻzi ularga tushib. U shu boyvachchaligiga menga oʻxshab tortinchoq ekan, borish-bormaslikni oʻylab, taraddudlandi.

Bujur qorovuldan eshitganim yodimga tushib, uni qistadim. (Qolavursa, men tabibni koʻrmay qaytib ketolmayman!):
— Nasibamiz ulug‘ ekan, ehsonga ilinamiz shekilli, yuravering.
— Toʻramniki tabarruk deb-a?
— Ha-da.

Shu tob darvoza oldidagilardan bittasining koʻzi tushib, bizni kechikkan mehmonlar fahmladi shekilli, peshvoz chiqib, mulozimatla egildi: marhamat, kelavursinlar, qadamlariga hasanot... Ilojsiz yurdik.

Lekin yaqin borib, ichkariga koʻzim tushdiyu allaqanday yengil tortib, qushday boʻlib qoldim: Bu nimadan, oʻzim anglab yeta olmas edim. Hovlida mehmonlar uchun tuzalgan joylar allaqachon boʻshab qolgan, endi dasturxon yig‘ishtirib olinmoqda edi. Faqat kattakon tut tagidagi yog‘och karavotda besh-toʻrt qariya «suhbati chor — anda maza bor», qabilida ohista gurunglashib oʻtirishibdi. Zab paytida kelibmiz!

Qoʻlimizdagi bozorchiqni ayvon chetiga qoʻyib ham edikki, oyoqlari kalta, ammo nihoyatda serharakat bir kishi (u ajoyib tarzda yelka tashlab yurar edi) bizni karavotga yaqin joyga boshladi:
— Kelung, memonlar. Nasiba yetalab keptu. Ehsonimizning savobiga sheruk boʻluvsizlar.

Choy chaqirib, oʻzi bir chinni laganda osh keltirdi. Biz yengil ta’zim ila karavotdagi qariyalarga salom berib ulgurgan boʻlsak-da, ularning shirin suhbatlariga halal bermadikmi, deb xijolatda edik. Ammo ular hali-veri turadiganmas, gaplari gaplariga qovushib bir shirin suhbat qurishyapti. edi. Aftidan bu dunyoni ham unutib, oʻsha toʻrdagi odamning nuroniy yuzidan (yo qudratingdan, oʻqish kitoblarimizda rasmini koʻraverib, singishib ketgan oʻsha odam — sal bodomqovoq, muloyim kulcha yuzli xazrat tirilib kelib, qarshimizda oʻtirganday edilar) koʻz uzmasdilar. U zot ham oʻshanday oq sallada, sariq yoʻl-yoʻl — zar-g‘aldoq toʻnda oʻtiribdilar. Oq oralagan mosh-birinch soqollari xuddi oʻshanday kuzalgan, koʻzlari ham jindek bodomqovoq edi. Tavba, odam odamga shunchalar oʻxshar ekanmi? Tabib buva shu kishimikanlar yo bosh-qa birovlari?

Men oshga qoʻl uzata turib, sekin zingil tashlayotganimni koʻrib, hamrohim qulog‘imga shipshidi:
— Siz tinglang. Toʻram taqsir shu odam.

Men qaytarib soʻradim:
— Tabib toʻrammi yo Toʻram taqsirmilar?..

U bosh silkidi:
— Har ikkisi ham.

Men yengil tin oldim: hayriyat, oʻzlari ekan!

Soʻng ularga quloq osdim. Toʻram taqsir bilan jindek choy ichib, suhbatlarini olishga qolgan moʻysafidlar bir narsani qistar edilar:
— Oʻsha voqeani ayting, taqsir, oʻsha voqeani. Rost-dan roʻbaroʻ kelganmisiz? Oʻsha tomonlarda haliyam bor ekanmi?

Men qoʻlim oshdayu qulog‘im ding edi. Aksiga olib teskariroq oʻtirib qopman. Oʻgirilib qarashga boʻlmayapti.

Alohal taqsir qimtinib tin oldilar:
— Ha, endi bir yoʻliqqan-da, — dedilar negadir u voqeani eslagilari kelmay.

Qariyalar har chekkadan yana qistashdi:
— Oʻzizdan eshitgan boshqa-da, taqsir.
— Alloh qanday asraganini ayting, jilla qursa.

Oʻgirilib, toʻram deb atashayotgan tabibga qaradim: qiziq edi aytisi kelinqiramayotgani.

U kishi tizzalarini silab, bu gapga jilmayib qoʻydilar: aftidan, unga qoʻshilmagan edilar.
— Bejiz-behikmat roʻbaroʻ etmagandir deng, — dedilar sekin.

Qariyalar hayratlanib bir-birlariga qarashdi:
— Subhanalloh! — dedi roʻbaroʻlaridagi kishi.
— Yoʻg‘-e! — dedi boshqasi.— Oʻzi roʻbaroʻ etib, Oʻzi asraydimu?
— Hamma gap shunda-da, — dedilar u kishi.
— Moshaalloh! Shunaqasi ham boʻladi ekanmi?
— Boʻladikan, — dedilar toʻram.

Ular bir muddat jim qolib, yana qistamoqqa boshladilar.
— Shuning uchun ham... oʻzingizdan eshitayluk, taqsirim.

Hatto biz ham og‘zimizdagini chaynashdan toʻxtagan edik, oʻsha narsa bizni-da some etib, qiziqtirib qoʻygan edi. Axiyri u kishi ming istihola ila boshladilar (balki menga shunday tuyulgandir.)
— Tangritoqqa yoʻl boshlovchisiz — yolg‘iz borishim edi. Dovonga koʻtarilguncha bir-biriga oʻxshagan soʻqmoqlaru daralarga kirib-chiqaverib, adashib ketdimmi, bilmayman, vallohi a’lam. Sharqiroq soy boʻyiga chiqqanimda birdan shom tusha boshlaganini payqab qoldim. Otni har qancha qistaganimda ham koʻrinib turgan dovonga yeta olmasdim. Bir yoqda shom qazo boʻlyapti, bir yoqda koʻzlagan manzilimga yetolmaydiganman. Alohal otdan tushib, tahorat tadorigini koʻra boshladim. Soʻng ot tizginini bir butaga ilib, xarsang toshlar orasidan joynamoz sig‘gudek bir joy topib, namozga berildim. — Tabib hikoyasining shu yeriga kelganda tin olib, jim qoldi. U barcha-barchasini aytishga hamon istihola etarmidi yo eslab ketganmi- di, bilib boʻlmasdi. Oʻgirilib qarashga esa botina olmasdim. Kimdir yoʻtalib, kimdir betoqatlik ila qoʻzg‘olib qoʻydi. Tabib endi allaqanday oʻkinchli ovozda:
— Yaxshiyam toʻxtaganim, — dedi. — Shomning farziniyu sunnatini oʻqigunimcha daraga qorong‘ulik choʻkib boʻpti. Besh qadam narini ilg‘ab boʻlmasdi. Nega shunday kechdi, yarim yoʻlda qolib ketdim, mendan qanday xatolik oʻtdiki, deb joynamozdan turmayoq «Asta’firulloh, allazi-mallazi, la ilaha illa huval hayyul qayyumu va atuvbi ilayhi», deb oʻziga istig‘for aytib, sajdaga bosh qoʻydimu tavallo eta ketdim: «Ya Rob-bim — Alloh, hammasidan oʻzing voqifsan, Oʻzing koʻrib-bilib turibsan: zimmamga qanday yumushlar yuklanmish. Rozilik berib toʻg‘ri qildimi, adashdimmi, hikmatini bilguvchi yolg‘iz Oʻzingsan. Agar yaxshilikka yoʻysang — yoʻlimni och, mushkulimni oson et. Agar nafsimning soʻzlariga kirib adashgan boʻlsam, bandaman, Oʻzing kechir. Kechir-da, balo-qazolardan, yomonliklardan Oʻzing asra. Hidoyatingni darig‘ tutma, ojiz bandangman. Ne qilay qaytar yoʻllarim berkilgan. Oʻzing najot ber», deb yig‘lab-tavallolar qilayotsam... birdan orqadagi ot hurkib ketgancha kishnab yubordiyu tizginni uzib qochmoqqami, nimaga tushdi. Etimu vujudim vijirlablar ketdi.

Sajdadan bosh koʻtarsam, qay koʻz ila koʻrayki, qarshimda gungursdek boʻlib, bir maxluq turibdi. Olov koʻzlarini uzmay. Boʻynida yolimi — nima xurpaygan: ayiq boʻlib ayiqmas, it boʻlib it. Ammo avvaliga tanimay turgan ekanman, tanib qolib, etlarim tikka boʻlib ketdi. Butun jonim oyog‘imdan yerga oʻtib ketgandek edi. Beixtiyor payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassalamni, kuyovlari u kishini haqorat etganda: «Ya Allohim, bunga itlaringni yubor, oʻsha bas kelsin», deb duo qilganlarini eslabman. (Keyin uni Shomda arslon yeb ketgan edi.) Yaxshiyam, qoʻzg‘olmaganim, qoʻzg‘olganida tilka-pora qilib tashlarmidi. Yaxshiyam, Allohga tavbalar qilib, istig‘forlar aytib turgan paytim ekan. Yaxshiyam, namozda ekanman.

Orqayu oldimizdan himoyalab turadirgan farishtalar tufaylidanmi, u toʻxtab qolgandi, daf eta olmay turardi.

Shu xayoldan oʻzimga keliboq Tangri taologa yolvora ketdim:
— Uni toʻxtatgan ham, omonsiz hujumidan asrab turgan ham bir boʻlsa, Oʻzingsan, ya Alloh, uni daf etguvchi ham, yoʻlimni ochib berguvchi ham Oʻzingsan. Oʻzingga sig‘inaman, Oʻzingdan soʻrayman. Qutqar bu itingdan. Umrim boʻyi aytganingdan chiqmayin, — derdim. — La ilaha illalloh, hasbiyallohu va ne’mal vakil — Oʻzingni vakil qildim, — derdim.

Sizlarga yolg‘on, menga chin. Shu duoni oʻqishim-la maxluq bir narsadan hayiqqan kabi irillab tisa-rilaverdiyu soʻng oʻgirilib, dumini qisgancha pastga tushib keta boshladi. Pastda esa soy sharqiragandan sharqirab yotar, ora-chira namxush epkini oʻynoqlab kelib qolar edi, xolos...

Oʻsha voqeaning ta’siridami, hammalari bir muddat jimib qoldilar. Axiyri bir qariya shu jimlikni buzishga jur’at etib:
— Hikmati ne edi, taqsir? Endi ayta olarsiz? — dedi.

Tabib hov boyagindek, istiholali jilmaydi: savol nooʻrinligini shundan-da payqash mumkin edi. Ammo tabib qariyani xijolatda qoldirgisi kelmadi:
— Alloh bilguchiroq, qori aka, biz nimaniyam bilardik, — dedi yumshoq tabassum ila.

Bu gapga hamma qoʻshilgan edi. Shu tariqa gap oʻzani poyoniga yetib, ular dasturxonga fotiha oʻqib, oʻrnilaridan tura boshladilar.

Biz shuncha shoshganimiz bilan qoʻl artib, laganni berib ulgurdik, xolos. Qariyalar hovli sahniga tushib ham uzoq xoʻshlasha boshladilar. Ularning bu xayr-xoʻshlari ham oʻzlariga yarashiqli edi. Ayniqsa, bir-birlariga mulozamatu manziratlari, ertaga koʻrishmay qoladigan odamdek (dunyo axir omonat, bilib boʻladimi, bugun bor odam ertaga yoʻq) omonlik tilashlari, quchoqlashib xayrlashuvlari — ham g‘alati, ham ta’sirli edi. Bir soʻz bilan ular bir-birlaridan ajrasholmay xayrlashar, shu bahona ham bir-birlariga biron shirin soʻz aytib qolishga, bag‘rilariga tortib, boʻylariga toʻyib olishga tirishar ekanlar, shu soʻrashib-istashuvlarini ham g‘animat bilib, ketishga shoshilmas edilar. Qolaversa, bu hech kimga erish tuyulmas, qaytaga biz bir chekkada qoʻl qovushtirib, havasla kuzatib turar edik. Faqat men bir narsadan taajjubdaman: bu xorijdan kelgan firishtaday odam asli kim? Tabibmi yo avliyo? Qachon shuncha yor-birodar, murid orttirib ulguribdi? Musofir odam shuncha tez singishib ketuvi mumkin ekanmi?

Bu orada moʻysafidlar darvozaxonadan xoʻshlashib chiqib ulgurishdi. Biz kuzatishib chiqishimizni ham, joyimizda turaverishimizni ham bilmas edik. Ammo shu payt boyagi oqsoq tanishimiz qayoqdandir paydo boʻlib:
— Qanu memonlar, marhamat qilusizlar, — deb ichkari qistab qoldi.

Shundagina men xayrlashuvchilar bilan boʻlib, tabibni koʻzdan qochirganimizni angladim. U tahorat yangilagani oʻtganmi, hech yerda koʻrinmas edi. Bizni yolg‘iz derazali chog‘roq bir uyga boshlab kirishdi. U hujra boʻlib hujra emas, yarmichasini kovshandoz egallagan, tepada esa sandal ham bor edi. Tanchaga vaqt-bemahal olov solib turilsa kerakki, ustiga yalangqavat bir narsa tashlab qoʻyilibdi. Eshikbon mulozim biz kirguncha qizil yoʻl-yoʻl dasturxon yozib, kattakon girdim patnis qoʻydi. Koʻrpachalar yig‘ib ulgurilmagan ekan, choʻkib fotiha qildik. Devorning bir yog‘ini toʻq jigarrang gilam egallagan, bir yog‘idagi somon suvoqli tokchalarda qalin muqovali, jildli kitoblaru sopol koʻzachalar va ham og‘zi tanobli jajji xaltachalar, zarqog‘ozga oʻralgan bir narsalar koʻrinardi. Choy kirib:
— Ichishup oʻtiruvsizlar-da, memonlar, — deya oqsoq tanishimiz chiqdi.

Mening ichim qurishib boryapti. Yana oʻzimga taskin beraman: «Men ignani ustida oʻtirganimni bular qayoqdan bilsin!» Hamrohim buni sezibmi, jilmaydi:
— Siqilmang, keldikmi, kutamiz. Toʻramning shunaqa odatlari bor: tahorat yangilamay bemor koʻrmaydilar.
— Shunaqami?
— Qolavursa, Siz bilan men nima maqsadda kelganimizni kirganimizdayoq bilganlar, shunaqa odam, — dedi u kamiga.
— Yoʻg‘-e?!
— Xoʻp deyavering. Har soqqanda bir paqirdan sut beradigan sigirimiz boʻlardi. Bir kun adam uni yetaklab chiqib ketib, shularga tashlab keptilar. Ular musofir, sog‘ib ichib turishsa, savob boʻladi, dedilar. Keyin, — u boyagidek beg‘ubor jilmaydi, — keyin bir kun ajabtovur gap topib keldilar. «Hoy, Toʻxtaboy, bizga qanaqa sigir berdingiz? Sutini eplab boʻlmayapti. Har soqqanda ikki chelakdan sut beryapti», dermishlar. Ana, taqsirimning karomatlari, — deb turib, tirsagimga turtib qoʻydi.— Bu yog‘ini eshiting. Bir kun borsalar, toʻram «Hoy, Toʻxtaboy, siz sinchi odam, bizga bir sigir obermasangiz boʻlmaydi, sutga oʻrganib qolgan ekanmiz», dermishlar. U sigir-chi, debdilar adam. «Ey, uni Usmon devona opketib qoldi: yoqtirib qopti. Mayli, joʻjabirday jon. Bizga boshqasiyam boʻlavuradi», dermishlar. Adam hay, deb bo-zorga tushib ketiptilar. Borsalar bir shopmoʻylov odam gijinglagan otda yoʻllarini toʻsib turganmish. «Hov, boyvachcha, shu otni qanchaga olasiz?» der emish nuqul sag‘risiga shappalab. «Yoʻq, men sigirga tushgan odamman, otni nima qilaman», desalar, «Hay, unda bahosini chiqaring» der emish. Keyin dallol chaqirib baholatibdi-da, oʻsha yerdayoq birovga sotib, qoʻllariga otning pulini tutqazibdi. «Mang, boyvachcha, bu pul sigiringizning sutidan ham halol» der emish. Adam oʻsha pulga bozorning oldi sigirini olib chiqibdilar. Uning bitta aybi uch emchakli ekan. Keyin toʻram taqsirnikiga borsalar, «Hoy, Toʻxtaboy, bizga qanday hosiyatli sigir olib chiqqansiz? Sog‘sak nuqul qaymoq beryapti... Oling, tatib koʻring-a», dermishlar.
— Yoʻg‘-e, — dedim men hayratlanib.

Va shu mahal ostonada oyoq tovshi eshitilib, zar-g‘aldoq toʻnning bari1 koʻrindiyu biz shosha-pisha u kishining istiqbollariga turib, qoʻl qovushtirdik.
— Oʻtiringiz-oʻtiringiz, oʻg‘lonlarim. Sizni ham kutdiriyu qoʻydik, uzr. Bugun shunaqa kun ekan: uzoq-yaqindan birodarlar yig‘ilishib, kulbamizni koʻp munavvar etishdi, — deb ma’zurlandilar.

Biz chetlanib, yoʻl boʻshatdik. Ammo oʻrtadan past boʻyli, salobatlari oʻzlariga yetarli kishi toʻg‘ri toʻrga oʻtib keta qolmay (ajab, toʻnlaridanmi, oʻzlaridanmi, bir ajib mushk-anbar hidlar taralyaptiki) qarshimizda toʻxtadilar-da, hamrohimga ochiq yuzla yuzlanib, mayin jilmaydilar:
— Men Sizni qaerda koʻrgan ekanman: yuzingiz buncha issiq? — dedilar.
— Balkim-balkim, — hamrohim qizarinqirab oʻzini tanitdi, — men Toʻxtaboyvachcha akaning oʻrtanchalari.
— Ey-y, Sinchiboyni-ya?! — deb qoʻlini qoʻyib, yana ham yaqin keldilar-da, ikki betidan kaftlari ila tutib, peshonasidan oʻpib qoʻydilar. — U kishi olib bergan sigirlarni, bizlarga qilgan yaxshiliklarni unutib boʻladikanmi?! Oʻzlari omonmilar, uy ichilari bilan?.. Bilmasakanman, Alloh shunday kelishgan-kelishgan farzandlar ila siylab-quvvatlantirib qoʻygan ekan Sinchiboy oshnamizni... Bugun koʻrinmadilarmi, baxay?
— Sayramga ketishib edi ikki-uch oshnalari bilan, — deb javob qildi hamrohim.
— Unda uzrli, uzrli. Sinchiboy oshnam aytilmay qolibdilarmi, deb bolalarni tergab bir yerga yetib turib edim: yaxshi, nasiba qoʻshgan ekan, mana, Xudo sizni yetkazibdi. Eson qaytishsin, — deb bir qadam tashlab, mening kaftimdan tutdilar. Kaftlari bir yumshoq, bir mayin edi, tavba. — Siz boʻtam, xush kepsiz dargohimizga, qiynalmay topib keldingizmu?

Ichimdan bir olov chiqib, peshonamga dovur jimirlab ketdi: «Qayoqdan bila qoldi, bu odam?» deya hayrat-la boqdim.

U kishi bizga oʻtirishga izn berib, oʻzlari deraza tagiga — toʻrga choʻkkaladilar-da, fotihaga qoʻl ochdilar:
— Iloho omin, dardmandlarga oʻzing davo berib, ilm toliblariga oʻzing ilmu rabboniyingdan yetkazgil...

Men-ku, men, hamrohimga qarasam, hayratdan taxta boʻlib oʻtiribdi. Tabibning tasbeh tutgan qoʻllaridan koʻz uzolmaydi.
— Xoʻsh, boyvachcha, yoki adangiz biron yumush buyuribmi edilar, bizga tegishli?— dedilar nihoyat zangori duxoba yostiqqa suyalibgina va ma’noli jil- mayib.

Boyvachcha javobga oshiqib, odobli mullavachchalardek choʻkkaladi:
— Yoʻq-yoʻq, toʻra pochcha, buyurmab edilar. Men oʻzim... Sizni bir ziyorat etgim kelib... — deya yamlanib yerga qaradiyu behojat tizzalarini silashga tutindi.

Toʻra pochcha (boyvachcha kalovlab qolgani bilan topib aytgan edi: bu nom u kishiga yarashib tushgandi) miyig‘larining tagida jilmayib, tutamga kelib-kelmaydigan, bir chiroyli kuzalgan mosh-birinchdan oqroq soqollarini (u quloqlarining yumshog‘i tagiga qa- dar choʻzilib borgandi) yengil tutamlab-silab qoʻydilar. Bu jilmayishdan yuzlari yana ham nurlanib ketgan edi.
— Ziyorat talabindami va yo ilm talabinda? Tortinmay aytavering, boyvachcha?

Hamrohim bu gapdan choʻchib tushib, duv qizargan edi. Xijolatga botib, dedi:
— Toʻg‘risi, koʻpdan huzuringizga kelmoqni ixtiyor etardim. Bugun yurak yutib...
— Yurak yutganingiz yaxshi boʻpti, boyvachcha. Biz ham Sizni koʻpdan orzilab kutardik.

Boyvachcha u kishiga yalt etib qaradi:
— Kutardingiz?
— Alloh shohid, — dedilar toʻra pochcha bosh silkib, — tashna qalblar oʻzi ayon bergay.
— Demak, hujrangiz eshigi...
— Ochiq. Kelguvsi haftadan kelaverishingiz mumkin.
— Rahmat, toʻra pochcha, — Boyvachcha yukungudek boʻlib engashdi va u zotning toʻnlari etagini oshig‘ich yuzlariga surtdi.

Ammo toʻra pochchaning yuzlariga bir nima soya tashlab, yukinguvchining yelkalariga ohista qoʻl yubordilar:
— Turing, boʻtam, shusiz ham olgayman Sizni. Qolaversa, banda bandaga emas, Allohga yukungay. Shu yarashadi bizga...
— Uzr, azbaroyi men mutaassirlanib... — boyvachcha qaddini koʻtarib, qoʻllarini koʻksiga bosdi. U xijolatdan kichkina tortib, yerga singib ketishga ham tayyor edi. Men esam...

Men esa, bir chekkasi hayrat barmog‘imni tishlab, bir chekkasi qaerga kelib qoldim deb hayronu lol oʻtiribman. Tabib deyishgan edi, kim boʻlib chiqyapti?

Bu orada u kishi mening holatimni sezgan kabi bir qur nazar tashlab, tashqariga ovoz berdilar:
— Roʻzioxun?..
— Labbay, taqsirim, — ostonada yelkasiga chorsi tashlagan boyagi oqsoq odam koʻrindi.
— Ertaminangi... tayinlu joydami?
— Tayunlu joyda, taqsur. Olayinmu?
— Oling.

Roʻzioxun kovshandozga yechinib, maxsichan ikki yonga yelka tashlagancha tokchaga yaqinlashib, uning oʻrta qavatiga uzandi-da, qiynalibgina koʻza ichidan bir nima ola boshladi. Unga yordamlashgani turgan joyimda u zar qog‘ozga oʻralgan bir nimani olib ulgurib, oʻgirildi.
— Rahmat, jiyan, bezovta ettum siznuyam...

Toʻra pochcha uni girdim patnis ustiga qoʻyib, oxunga javob berdilar. Men joyimga choʻkdim. Shundan ke-yingina u kishi Roʻzioxunni uzoqlatib, menga ochiq, yuz-la qaradilar:
— Siz adashmasam, uzoqdan kelyapsiz?
— Ha, uzoqdan, Qang‘li tarafdan, — dedim men gapning bu tarz koʻchishiga hayron qolib: hali, muxbirsiz, gazetda ishlaysiz deb qolmasaydi.
— Shu oʻzimizning Katta Qang‘lidanmi? Choʻlpon otadan oʻtib, Achchiga ketavurishdagi? — kutilmaganda u kishi hayratlanab, qoʻzg‘olib qoʻydi. — Koʻp qadim mavze, tarixi uzun joylar-ku...
— Siz u tomonlarni bilasizmi? — deb yuboribman.
— Nega bilmay? Ota yurtlarning isini yodga tushirdiz. Atay orzilab borganman. Qang‘li Bolasog‘un, Tarozilardan qadim boʻlmasa ham oʻshalarga yaqinlashib boradi, boʻtam. Tarixda oʻtgan Qang‘li davlatidan bir xotira boʻlib, yashab qopti. Shunga-da, shukr.
— Toʻg‘risi, men bundanam uzoqdan, oʻsha Sizning diyorlardan kelib qolib, og‘ir dardga yoʻliqqan bir mushtipar-musofirni deb... kelib oʻtiribman. Sizdan najot istab kelganmiz, — dedim.
— Kimingiz boʻladir u kishi? — dedilar yana ham sinchkovlik ila.
— Kennoyi boʻladilar bizga.
— Hozir qaerda u mushfiqa? — U kishi yana ham mutaassirlana boshlagan edilar.
— Oʻsha oʻzingiz bilgan bog‘dagi shifoxonada, — dedim men tomog‘imga bir narsalar tiqilib kela boshlab, — tezroq bir ilojini qilmasangiz, oyoqlarini kesishmoqchi ekan.

Toʻra pochcha (ajab, bu gapdan yengil tin olib) duxoba yostiqqa suyaldilar:
— Xayriyat, — deya pichirlaganday tuyuldilar menga. Nega, hech aqlim yeta qolmasdi. Axiyri oʻsha suyangan koʻyi, koʻzlari yumuq holda:
— Oʻsha, undan boʻlak emas, — deb shivirlar ekanlar, men yoqa ushladim: qaerdan tanimoqdalar? Koʻrmay-bilmay turib, tanimoq mumkinmi ekan?

Men oʻzimga kelguncha u kishi qaddilarini rostladilar:
— Kecha xovfimda ayon berib edi, tizzasiga suv yig‘ilgan ayol. Oʻshami?

Men taxta boʻlib qolgan edim: bu qanday sinoat, bir vaqtning oʻzida ham kennoyimnnig xovfida, ham bu kishining xovfida belgi berib tursa?

Men javob berishga majolim kela qolmas, kelsayoq «topdingiz, oʻsha!» — deb yuborishga tayyor bir holga tushgan edim. U kishi boʻlsa, boyagi girdim us-tidagi zarqog‘ozga oʻrog‘liq narsani olib uzatgancha, bir nimalar deb tayinlayaptilar-u, qani qulog‘imga kirsa, oʻlsin agar eshitsam! Shunaqa merovlanib qopman.

Bir mahal qulog‘im shang‘illab kelib, ochildiyu uning soʻzlari oqib kira boshladi:
— ... Shuni qaynatib, har toʻrt soatda bir piyoladan ichsinlar, uch kunda taqa-taq toʻxtaydir va oyoq bosib ketadirlar. Kesishga zinhor-bazinhor ruxsat etmangiz... Bu qanday karomatgoʻy ekan, demang, Xudo xohlasa, biz bir sababchimiz, xolos. U yog‘iga «Has-biyallohu va ne’mal vakil» — Allohni vakil qilganmiz! Oʻzi oʻnglagay, inshaalloh.

Men xursandlikdanmi, yo hozirgi koʻrgan-kechirganlarimdanmi oʻzimga kelolmasdim. Vaholangki, kenno-yimning oldiga qanot chiqarib uchsam kam edi.

Sirli Tashrif (yoxud hikoyachiga qorong‘u, bizga ma’lum tashrif va tarixlar)

Roʻzioxun hali barg yozib ulgurmagan balx tut tagidagi yog‘och karavot zinasida koʻklamgi oftob xush yoqib mudrar, qoʻshni boqcha hovlisidan kelayotgan bola-baqralarning ovozlari ham goʻyo tushdagidek allalab borardi. Shu oʻtirishida qay bir yoqdandir bodroq isini olib kelayotgan g‘ir-g‘ir epkinlar ipak roʻmolda-yin yuzini siypab oʻtib, oʻzi tug‘ilib oʻsgan tomonlarning tinmag‘ur shabbodalariga oʻxshab ketar edi. Bu yaqin-atrofda ham oʻshanaqa tog‘ yoxud soy bormikan deb, eslamoqqa tirishar-u, hech eslay olmasdi. Ammo tepadagi tutda bir gala chmchuqlar uchib-qoʻnib, toza bozor qilishyapti. Hali tut endi koʻkzirak taqdi, mevasi oq marvaridday oqarmay turib shunchalik, tut pishig‘ida Xudo toʻzim bersin ekan bu chirqildoqlardan.

Shu mahal chumchuqlar gurra koʻtarilishib eshik taqilladiyu hammayoq suv quygandek jimidi-qoldi. Hatto bolalar boqchasidan miq etgan tovush chiqmas-di.

Sal oʻtib, darvoza zulfini oshig‘ich shiqirladi:
— Hoy, kim var? Hoziq toʻram shatta turuvmi- lar?
— Turuvlar-turuvlar.

«Bularning keluvi koʻp ekan, soʻrovi koʻp ekan, jilla qursa, shu bugun tinchirman desam»... — U oq chorasisini izlay-izlay karavot panjarasidan topdi-da, yelkasiga tashlab, toʻng‘illay-soʻng‘illay darvoza tomon jildi. Yelkasi past-baland tushib, goʻyo ikki tomonga salom berib borarkan, bu xizmat unga osonmasligi shundoq ham ayon boʻlib, chaqirgan odam ham xijolatda qolar edi. Ammo bu gal tamom boshqacha chiqdi.

Zanjir shiqirlab tushib, darvozaning bolacha eshigi lang ochildiyu shundoq uning qarshisida qoʻllariyu oyoqlari uzun-uzun, oʻzi naynovdan naynov, sap-sariq (hatto qosh-kipriklariga dovur oq-sariq, burniyu peshonasi, ikki yuzi qontalash-qizil) ayiqdek odam paydo boʻlib, lapanglab, quchoq ochib kirib kela boshladi:
— Ibi, axun, hay-hay, tapushgan jayumizzi koʻrung. Haziq toʻramning astanasini qoʻriqdab yatiyur ekansiz-da?..

Roʻzioxun bu tasqarani (chindan ham darvesh boʻlib darvesh emas, gado boʻlib gadoning bir g‘aroyib kiyinib, bu tarz kelishi qay aqlga sig‘adi? Esi bor odam shu koʻklamdan peshonasini tang‘ib, oq yaktak ustidan ilgan jun shinelini beliga bar urib oladimi?! Yana oyog‘ida qizil etik!) daf’atan tanimadi. Qaerda bir koʻrgandek-ku, hech eslay olmayapti. Ammo osh-qatiq boʻlmagani aniq. Qoʻlidan bir piyola choy ichganda ham... eslarmidi.

Bir koʻngli peshvoz yuraverib, yoʻlini toʻsmoqchi boʻldi-yu (har bitta qalang‘i-qasang‘ini ichkari qoʻyaversa, tabibning tabibligi, ichkarining ichkariligi qoladimi!), ammo ulgurmadi. Qaysi dashtdan tushgan ekan bu Davongir dev darvoza bolachasini enlab, besoʻnaqay oyog‘ini ichkari tashlab ulgurgan edi. Darvoza esa lopillab borib-kelyapti.
— Hay-hay-hay, muncha qamalup olmasanguz, axun? Barakalda-barakalda!

Roʻzioxun noiloj chetlanib, qoʻl qovushtirdi: keling demasa, qayoqqa borardi?!

Devning rapidaday kaftlari orasida uning qoʻllari yoʻq boʻlib ketdi. (Yaxshiyam quchog‘iga olmagani, ezib-netib qoʻyuvi ham mumkin edi, bu besoʻnaqay. Isiriqchi chollarga oʻxshab, egnidan isiriq hidi bir gurkiraydiki, tavba).
— Tanimutsiz-a, axun? Ammo man bir koʻruvdayaq tanup-bildum. Toʻram taqsurning xos xizmatchilarini ashunday tasvirlashup edu.

Roʻzioxun sergaklandi: g‘irt begona ekan-ku, yana yaltoqlanishiga oʻlasanmi! Manziratidan qoʻrqqulik...
— Keling, Sizga tabub kerakmu? — dedi, ha desayoq qaytarishga og‘iz juftlab.
— Toʻram taqsur tangrutoqliklarning qiplasu- day gap. Hama qochgan-quvgan qaerga borsun, shu kishiga bash urup kelur-da, — dedi u niyatini aytib qoʻya qolmay.
— Qiplasu dep kim ayttu? — dedi Roʻzixun qayoqdagi gapni aytasiz ma’nosida. — Taqsur bir tabub, xalas. Adamlar shufo izlap keladu.

Sariq devning tiliga tushov tushib, bir dam tek qotdi. Oʻq moʻljalga tekkan edi. U soʻz tanobini yoʻqotib, zoʻraki iljaydi:
— Pirni pir, avliyani avliya deymiz-da, oʻtag‘asi,— dedi ixlosi joʻsh urgan kabi, — qolavursa, u kishim oʻshaqning imom Shomiliday adam.

Roʻzioxun bu yaltoqi shang‘ini ichkari opkirmasa, opkirib miyasini joyiga tushirib qoʻymasa (har narsanu valdirayveradimu odam!) boʻlmasligini anglab, tut tagiga qarab yuraverdi. Karavotga opchiqmagan taqdirda ham oʻshatdagi kursiga oʻtqazib, oʻshatdan nari joʻnatadi. Joʻnatganda ham ikkinchi kelmaydigan qilib, joʻnatadi.

Lekin bu dev g‘alati edi: anqov desang anqov emas, ichdan pishgan — quv desang, quv emas. Oʻzini goʻllikka solib, nuqul bir narsalarni ang-shanglaydi.

Roʻzioxun uni oʻzi moʻljallagan joyga omonatgina oʻtqazib, qalpoq ostidagi choynakdan choy quydi. Gapni kalta qilish maqsadida boyagi mulozimatidan nari oʻtmadi:
— Eshitung, memon? Agar taqsurimga kegan boʻsangiz, u kishim bu hafta boʻlmaylar, safar ketganlar,— dedi atay, ichida esa, yolg‘on soʻzi uchun istig‘for aytar edi.

Mehmon ishonqiramay elt etib qaradi, soʻng iljayib (balki yaltoqlanib desa toʻg‘ri boʻlar), buning koʻzlariga tikildi:
— Balkim, Siz bilan-da, ishumiz putaverar? Axur, keldi-ketdu, javap-muomalalar Sizsiz putmas? — u hovliga alanglab olib, ovozini pastlatdi, — qolavursa, u kishimga yukinup kelguvchilarnu kim ham sizcha bilsun?!.
— Xoʻsh? — dedi Roʻzioxun uning niyatini fahmlab. Bunga sari ichida bir g‘ashlik uyg‘onib boʻlgan edi: «Aytuvdim-a, nega buning turqi xunuk dep?.. Ishqilup oson qutulay»!..

Mehmon qoʻlidagi choyni bir hoʻplashdayoq tugatib, yuzini kafti-la ishqaladi. Piyola tagila tizzasini ezg‘ilab, unga tikildi.
— Biz bir adamning ajizasun izlayurmiz...
— Tushunmadum, — dedi Roʻzioxun, buning bizga qanday daxli bor, degan kabi yelka uchirib. Chindan ham qiziq-ku buning gapi!
— Bilasizmu, axun, oʻsha qach-qach, chap-chap-da...
— Qaysu qach-qach?.. — deb anqovsiradi u baloday tushunib turgan boʻlsa-da...
— Qaysi boʻlurdu, inqilap toʻs-toʻsi-chu? Hama bash alip qayoqqa qachiptu! Baturning ajizasuni aytvaturman.
— Qaysu batur? Qanday baturni aytasuz?
— Taqsirum bilarkanlar. Yanlariga chaqirtirup ham almaqchi ekanlar-ku, axur.
— Men bilmasam... — Roʻzioxun bosh chayqadi, — Xuda shahid, biz kichkina adam, bu xil gaplardan bexabarmiz.

Shu gapi nasha qilib, sariq dev qoʻllarini yozib, oʻzi «huv-huv»lab kuldi.
— Oling-a! U tarixlarnu kim vilmaskan! U Baturlarnu kim tanumagay! Qaysi voʻlurdu. Shu yaqlardan-oʻtup varganchi...
— Xoʻsh? — dedi Roʻzioxun noiloj.
— Oʻshaning ahlu ayoluni izlayurlar. — Keyin azza-bazza qulog‘i ortiga engashib, shivirladi. — Tapganga choʻng mukopat var, ha!

Roʻzioxunning koʻngli ag‘darildi. Sariq dev umrida og‘zini chaymagan, betahorat odammidi — nafasidan dumog‘i yorilay dedi.
— Baturning koʻzi qayaqda ekan? Axir qancha yil kechtu! — dedi oʻzini nari tortib.
— Kechtu-kechtu, lekin... u yag‘ini kim vilsun, endi izlap qolishiptu, — deb yelka qisdi.
— Kim? Baturmi yo?. — Roʻzioxun atay «doʻstlarimi?» demadi, shunga urg‘u berib. Ammo sirli tashrif bilan kelgan mehmonning yuz-koʻzlarida qilcha dovdirash yoki vahmni koʻrmay hayron qoldi.
— Izlashoptu-da ishqilup. Balki ayolning xeshlaridur, — dedi u. — Lekin suyunchisu... oʻzingiz tugul ikki pushtungizga yetguli, axun, — dediyu otdek pish-qirib, aksirib berdi. Orqasidan «haqqas rast» deb qoʻydi. Koʻrinib turibdi, musulmonchilikdan chiqib, nafsining orqasiga tushib ketgan bir odam; na al-hamdulillohi bor, na shukri. Shunday ham boʻluvi mumkin. Lekin uni-oʻzini merovlikka solib, oʻsmoqchilab yurgan tingchilarmas, deb kim ayta oladi? Qarindoshlari izlasa, shunchaki soʻroqlatib qoʻya qolmasmidi, oraga allaqanday mukofotlar tiqmay? Bunda bir sir bor.
— Ular shu qadar siymu zarga bay ekanlarmu?
— Vilmasam-vilmasam, — deb bosh chayqadi Sariq dev uzundan-uzun qoʻllarini yoyib. — Lekin suyunchisu tayun — ishanchluv, axun.
— Yaxshi, xavarlashib turuvmiz, — dedi Roʻzioxun yelkasiga tashlagan chorsuni olib, chir aylantirgancha beliga bog‘lashga tutinib.

Shu bilan u mehmonga qaytishga ijozat bergan kabi bir harakatga tushgan edi.

Sariq dev ham gap tugaganini anglab, haligacha kaftidan qoʻymagan piyolani karavot panjarasidan oshirib, samovar pantisga qoʻyishga chog‘lanarkan, shu bahona hovli sahniga, undan tepa tomondagi uylarga razm soldi. Buni koʻrib, oxunning ichi shig‘ etdi: «Nima bala, shu yerda panah tapgan deb oʻylaydu shekilli bu tasqara? Yaxshiyam toʻram var paytlari kelmadu». Va shu barobar tezroq dab boʻla qolsin deb, beodoblik boʻlsa-da, yuziga fotiha tortdi. Dev ham majbur qoʻzg‘oldi.

Ular mulozamat-la xoʻshlashib chiqisharkan, darvozaga yetganda Davongir dev mishillab besoʻnaqay qayrildi-da, Roʻzioxunning tirsagidan tutgancha kissasiga bir nima tiqishga urindi:
— Endi, axun, oʻzungizdan qalur gap yoʻq, xavarlashup turuvmiz. Meni Kallaxanadan soʻriyursiz, goʻsht vazardan. Dal saruq desangiz alam taniydu.

Dol sariqligini bilgani yaxshi boʻldi, ammo bu tiqishtirayotgani nimasi ekan? Roʻzioxun kissasiga qoʻl solub edi, barmog‘iga zirakmi-taqinchoqqa oʻxshash bir imiq narsa ilinib, g‘alati boʻlib ketdi.

U silliq narsa barmoqlariga bir muddat xush yoqib turib, esi og‘ib borayotganini oʻzi ham sezdi-yu, choʻchib sergak tortdi: «nima bala, halutdan avrab satup aluttimu?!».

Shu barobar kissasidagi haligi silliq narsa — dumi gajak bir nimarsaga aylana borib, jon holatda uni changallab oldiyu egasining rapidaday kaftlariga tiqishtirishga urindi.
— Viradar, ittimos, shusiz gaplashayluk, — dedi titrab-qaqshab.

Dol Sariq bir oyog‘i tashqarida, bir oyog‘i ichkaridi ekan, unga tushuniksiz tikildi:
— Vunisi fiysabillah, hamur uchudan patur, axun.

Ammo Roʻzioxun (qanday banda ekan!) bosh toʻlg‘agancha uni yelkalaridan itarib, chiqishga qistar, birrov yuz-koʻziga qarab qoʻymas edi.

Duvananing Qilgan Ishi (yoxud yoʻqolgan sig‘indi)

Haligina boshim osmonda, mendan xursand, mendan ommadli odam yoʻq edi olamda. Agar oʻsha tobda koʻk yuzini tutib, mag‘ribdan mashriqqa koʻchib yurgan devdek-devdek bulutlar ayqashib-uyqashib, tog‘ dara- laridek guldirab, chaqinlar chaqib, olatasir jala quyib bersalar, parvoyimga ilmasdim, qochib qoʻymasdim. Ignadek quruq joyim qolmasa-da, xuddi yangi boʻlgan jinnidek, yalangoyoq-yalangbosh koʻcha oʻrtasidan suv kechib, dimog‘imda bir ajoyib kuylar kuylab kelaverishim mumkin edi.

Ammo koʻklamning huvillab-izg‘igan shamollari oʻsha devdek-devdek qora bulutlarni ham Tangritog‘ tomonlargami — qayga quvib, tashlab keldilar. Na qaldirab-guldiradi, na ayqashib-uyqashib, koʻzyosh toʻkdi: qaytaga shishadek bir tiniq, lojuvard osmon yuz ochdi. Quyosh charaqlab, zarrin nurlarini sochib, yangi nish urgan maysalardan kurtaklarga qadar — barchasidan oʻpich ola ketdi. Zarhal oʻpichlar... bu oʻpichlardan har bittasi yayrab-yashnar, quvvat olardi. Hatto qushlar ham shahar moshinalarining g‘uv-g‘uvlariyu odamlarning kezinishlariga parvo qilmay, chah-chahlar, oʻz tillarida bijirlab-chuldirashdan charchamasdilar. Shahar koʻchalari demay (balki dalaga yaqinligidandir...) yoʻlkalarda Sulaymon payg‘ambar elchilari — xudxud qushlar koʻrinar, osmoni falakdami — juda tepada toʻrg‘ayqush xuddi qirlardagidek tinim bilmay chuldirar, koʻklam quyoshidan mast, uning nurlarida arg‘amchi uchardi.

Ba’zan quvalashib dumi eshkak olaqanotlar, qar-qunoqlar uchib oʻtib qolishadi. Ularni koʻrib, Kattabog‘ni sog‘inib ketdim. Oʻtmaganimga qancha boʻldi, hammasini surib bitirishmagandir, toptalib ketmagandir-ku hammasi? U yerga ham qushlar tavofga kelishgandir? Turnalar boʻzlab-boʻzlab, gir aylanib uchishmoqdadir? Taniy olmay u soylarni, ovloqlarni?..

Hammasidan burun men eski hovlimizga oʻtishim, uylarimizni surib tashlamaslaridan anuv narsani topib qoʻyishim kerak. «Nasib etsa, bir kun qaytararsiz, etmasa...» deb koʻzlari g‘iltillab, iltijo qilishidan... akamdan umidini uzmagan. Axir bir kun topib kelishiga yo oldirib ketishiga ishonadi. Ammo men bir narsaga hayronman: shunchalik ekan, nega biznikidan bosh olib ketdi? Akamni kutmadi? Axir, bir chiroyli oʻtiruvdi-ku? Nima roʻy bera qoldi? Nima uni majbur etdi bu sarson-sargardonliklarga? Nomusmi yo or? Yozgandir-ku, axir. Qolaversa, tomlari ochib tashlangan u vayronadagi xatlar oʻzi turibdimikan? Haligacha tasavvur eta olmayapman: oʻrta tokcha takkinasidagi u paxsa devor ichiga qachon ari in qoʻyib ulgurgan ekan? Qishi bilan qor-yomg‘irlarda nima boʻldikan? Ivib-bitmadimikan? Yolg‘iz najot Ollohdan! Koʻngli yarimta bir musofirning ohu zori bitilgan xatlarni u asramasa, kim asraydi? Umid Oʻzidan. Qolaversa, bugun omadim chopib, hamma ishlarim oʻngidan kelib turibdi: Sevzor tomonga oʻtib, Opovsi opa aytgan tangritog‘lik tabibni (kennoyimning tushlariga kirib yurgan oʻsha Hizr nazar qilgan qariyani) topdim. Bergan dorusini yetkazib borib, bir choynakka damlab, ichirib ham keldim.

Kennoyimdan burun Opovsi opaning alqab bir yerga yetganini koʻrsangiz. «Baraka toping. Savobga qoldiz. Ollohim, yaxshilik qilsang, bir mazlumga qil, bir musofirga qil, bir bemor-mushfiqqa qil, degan. Siz bir yoʻla hammasining savobini oldingiz», der edi. Men esam, xijolatlarga botib ketyapman. Qilsam, kimga qilibman? Jondan aziz kennoyijonim-ku.

Opovsi opa shunaqa tinmagur girgitton ayol ekan. Boʻlmasa, kennnoyim kim unga? Ustida shunday oʻlib-qutilyaptiki...
— Voy, men nima devdim, Mahfuzaxon? Mana shu Xudoimning yorlaqashi! Namozlarni qoʻymay oʻqiganingiz sharofati! Xudo xohlasa, hali hech narsa koʻrmaganday boʻlib ketasiz. Jujug‘ingizning toʻylarini koʻrasiz. Kelinlar tushirasiz. Qaynona boʻli-ib oʻtirasiz. Xoʻb deng...

Uning niyati, tilaklari oʻziga oʻxshab bir ajoyib edi: yorishmagan koʻngilni ham yorishtirib yuborar edi.
— Aytganlariz kela qolsun, ilohum, — deb shivirlardi kennoyim, yana kamiga jilmayib, kishi bilmas mijjalarini kafti ila artib qoʻyardi.

Soʻng menga javob berishdi:
— Endi boraqolung, qaynujonum. Manu deb, shuncha qolub ketdingiz, Kichikoyum xavotir qilub oʻtirgandurlar, — dedi u.
— Oyim oʻrganib qolganlar, ishim shunaqa-ku... — dedim.
— Shunday boʻlsa ham... — dedi u koʻp xursand boʻlib. — Mana, opa borlar, dorungiz bor. Inshaalloh, ichub tursam, oyoqqa turub ketgayman. Dorumas, malham ichkanday boʻldum. Yoqdu, ishoning...
— Em boʻlsin, — dedim.
— Agar malol olmasanguz, bu yoqqa bir kirib oʻtsanguz. Ikki kundurki, uydan tinch emasman. Yodgorim koʻz oldumdan ketmaydu, — dedi Opovsi opa chiqqanidan foydalanib.
— Oʻtaman. Oʻtmay qayoqqa boraman! Qolaversa, unga va’dam bor.
— Va’dangiz?..
— Ha-da. Men uni dalamizga opketmoqchi, varraklar yasab berib, oʻynatib kelmoqchi edim.
— Voy, shunaqamu? — deb u tirsagiga tiralib turib oʻtirarkan, og‘riqlarini ham unutib, bir g‘alati tikilgan edi. — Halu... aka-uka tutinub olduk, deng?
— Boʻlmasa-chi!
— Unda maylu... Surib tashlamaslarudan olib chiqing, koʻrib qoʻysun, bilub qoʻysun u yoqlarnu! Koʻrib olsun buvalarinu yurtinu. Olmazorlarnu... Sultonmurod akangizning tillaridan tushmas oʻsha Yakkabog‘u Murjumonlarnu, qaroqlariga joylab olsun.

Ajab, bu xabarni eshitib, u quvonib ketadi, desam... tovshi ham, oʻzi ham bir g‘alati oʻzgarib bormoqda edi: qaltiraydi nuqul. Koʻzlarida esa, jiqqa yosh aylana boshlagan. Aylana boshlagan-u, sezdirgisi yoʻq. Ammo kipriklari qilt etsayoq, soʻlg‘in shaftoli guliday yuzlaridan duvillab chopqillay ketadigandek edi.
— Istasangiz... hoziroq oʻtib ola ketaman! Buvining roziliklarini ham olib qoʻyganman, — dedim bir qadam yaqin borib. — Shuni istaysizmi?..
— Anuv ulamasoch toʻqoldan har narsanu kutgu- luk... — kennoyim birovning g‘iybatiga tili aylanganidan xijolatlarga botib qaradi.

Asal uni sig‘dirmay qandoq kutkilaganlarini tasavvur etib, ichim achidi.
— Koʻrdim-koʻrdim, oʻsha... qoqshoqni, — dedim shoshib. — Ammo xotirjam boʻling, Yodgormurodni unga tashlab qoʻymaymiz.
— Xudo xayringiznu bersun. Yodgorumni Sizga, Sizni Xudoga topshurdum, — deb alqadi u.
— Xayr, yaxshi qoling, — dedim hech ketgim kelmay.
— Yaxshi boring, — dedi u shirin im qoqib...

Men shifoxonadan ana shunday yengil tortib chiqqan, endi ularning Kalkovuz boʻyidagi oʻsha panoh topgan joylariga oshiqib borar edim. Kun peshindan og‘ib qolibdi. Hali bu yerdan Yodgorni olib, Kattabog‘ga oʻtib borishim, eski hovlimizga kirishim kerak. Qolaversa, tokcha tagidagi anuv omonatni topishimiz, soʻng Yodgortoyga Kattabog‘niyu Olmazorlarni — buvalarining yurtini koʻrsatishim kerak. Kennoyim shuni orzulagan ekanlar — bemor odamning rijosini yerga tashlab boʻladimi?

Ostonasining tagiga xarsangtosh yotqizilgan oʻsha yakka tavaqali eshikni moʻl borayotsam, voajab, koʻcha adog‘idagi anuv daraxt bir g‘alati soʻppayib turibdi. Qanday desam ekan: qaytaga koʻklay boshlagan boshqa daraxtlar oldida allaqanday ayrilib, moxov tortib qolgandek edi. Xuddi boshqa olamdan kelib oʻtqazib ketiishgan-u, bir qora voqealarning shohi-di — alomatidek boʻlib turibdi, tavba. Uni koʻrgandayoq ichim xunuk shuv etdi. Oʻzim esa toʻxtab qolayozdim. Nega, hech tushuna olmasdim. nima roʻy bera qolib-diki?..

Ichimga oralab ulgurgan g‘ulg‘ulani zoʻr bilan bosib, eshikka qarab yuraverdim. Tosh zinaga koʻtarilib, itarsam... hamisha ochiq turadigan eshik berk. Yuragim battar toshdi: nega berkitib olishibdi ekan?!

Endi chaqirishni ayting! Qanday eshitishadiyu kim chiqadi?! Yana oʻsha Zaqqumoy — chimirilgan qoqshoq ochadimi?!...

Men uni koʻrish tugul, roʻbaroʻ kelishni istamasdim. Yuragim allaqanday bezillardi, tavba. Nima qilarimni bilmay alanglab tursam, eshikning tepa beldamchasiga qistirig‘liq bir narsa turibdi. Birov koʻrib-koʻrmaydigan joyda. Olsam, eski botinka ipiga bog‘log‘liq choʻp. Demak, zulfin yaqinida kishi bilmas tirqishchasi ham boʻlishi kerak.

Aqlimdan aylanay! Zulfning mixi qayrilgan joyda choʻp sig‘adigan xuddi shunday teshik bor edi. Quvonib ketganimdan shoshib qolibman. Tiqqan zahotim zanjir shaldirab tushib, eshik ochilib bersa, bir qadam tisarilib ketibman. Men birovning eshgini soʻroqsiz-istoqsiz ochib qoʻygan odamga oʻxshab qolgan edim. Endi ostona hatlash tugul chaqirishga majolim yetmas edi. Baxtimga shu tob tepa hovlida Yodgormi, kim koʻrindiyu menga koʻzi tushib, bir zum tosh qotdi. Soʻng toʻg‘ri menga qarab bolalarcha parparon chopib kela boshladi. Men uni avvaliga Kemshiktoyga oʻxshatib edim. Ishkomning yarmiga yetganida koʻrsam — Yodgor ekan, bir qarich boʻlib, kalishchasi oyog‘idan uchib ketganiga-da qaramay... bir g‘allati chopib kelmoqda edi. Uning keluvini koʻrib, koʻnglim buzilib ketdi. (Shunchalar sog‘inibdimi, a?!) Boyagi xijolatda turishlarim qayoqqa ketdi, oʻzim bilmayman. Beixtiyor ostona hatlab bolakayga quchog‘imni ochdimu oʻsha yerning oʻziga choʻka qoldim.
— Qani, qani, toy bola, — deganimni bilaman, u oʻsha yugurib kelishida oʻzini quchog‘imga otib, boʻynimdan quchib oldiyu shu chirmashgancha qoldi.

U yuzchasini yuzimga bosgancha qolgan, qilt etmas, faqat yurakchasi qoʻlga tushgan qoʻzichoq yuragidek dukurlab tinmas edi.

Nima boʻpti, oʻzimdan ayirib, koʻzlariga qaray olmasdim.
— Ha, toychoq, mana, va’damga koʻra keldim-ku, — dedim axiyri.

U bunga javoban boʻynimga qattiqroq chirmashib, allaqanday hiqilladi. Men uning nima deganini anglab-anglamay shoshib qolgan edim. Yuragimda bir qoʻrquv turib ulgurgan, nimadir sodir boʻlgani tayin edi.
— Nima boʻldi, kim hafa qildi sizlarni? — dedim uning kuraklarini silab.

Ammo men yupatganim sari u mahkamroq chirmashib, qattiqroq hiqillar, azbaroyi nima deyayotganiyu nima demoqchiligini ilg‘ab boʻlmas edi.
— Kim oʻzi, aytaver. Men uni bir koʻray, — dedim rostdan ham jahlim chiqa boshlab.

U meni qoʻyib yuborib, bosh toʻlg‘adi. (Ammo qani ochiq-yorug‘ bir nima aytolsa, oʻksig‘ bosgani shunchalik!)
— Yo anuv... Zahar opoqimu? — dedim yanib. Negadir hamon oʻsha fikrdan qaytolmasdim.

U boyagidek bosh toʻlg‘adi. Ammo koʻzlari jiqqa yosh, oʻzi toʻlib turardi.
— Bilmadiz, — dedi hiqillab. — Akbar akamnu... yoʻqotub qoʻyduk.
— Yoʻqotib?! Qanday? — Mening ichim sidirilib tushgan, esim esa og‘ib bormoqda edi. Akbar ekan-ku, nimani ijikilab yotibman! — Qachon, qaerda? — dedim axiyri oʻzimga kelib va uni rosmana koʻtarib olib.
— Yoʻq, loʻlular oʻg‘irlab ketishdu, — dedi u koʻzini koʻzlarimdan uzmay.
— Loʻlilar? Qanaqa loʻlilar? — Men bu xabardan dong qotgan edim.
— Bir duvona aldab opketub...
— Devona?

Yodgormurod endi qoʻlimdan tushishga intildi, soʻng tushib, azza-bazza qoʻllarini yoyib tushuntirishga urindi:
— Koʻchamuzga mana munday gadoy kelub edu.
— Gadoymi, devonami?
— «Haq doʻst, yo Olloh»ni aytib keldu. Tilanchu desak, odamlar duvona deyishoptu. Tomday keladu, — u endi ancha oʻziga kelib qolgan, oʻksug‘lari ham ancha arigan edi.
— Boʻyimi? — dedim tushunolmay.
— Ha-da. Opoqbuvim aytub beradugan devlaruday... uzu-un, sap-saruq... Balki bolalarnu tutib yer...
— Tutib yer?... Qaerdan olding bu gapni? — Men uning gapidan kulib-kulolmas, yig‘lab-yig‘lolmas edim.
— Opoqum topmay qaytdular-ku... Biz qoʻrqub, eshiklarnu zanjurlab oʻturupmiz, — dedi u boʻynini ichiga tortib, jimitdek boʻlib.
— Iya, yomon boʻpti-ku, — dedim ich-ichimdan zil ketib. — Endi buving javob ham bermaslar?
— Nega? — dedi u hayron qolib.
— Akang yoʻq boʻlsa, seni opketsam... kim bilan qolishadi?...
— E, yoʻq,— deb sakrab-oʻynoqladi u.— Amaqung kela qolmadu, senu opketaqolmadu, deb oʻtiribdilar-ku. Yuring — kiring,— deb qistashga, qoʻllarimdan tortqilashga tushdi. Ketgisi kelgani, kutgani shunchalik!

Unga ergashib ichkari yurdim. Ishkom tagidagi yoʻl bilan tepa hovliga chiqib bordik.

Oytoʻra buvi oʻsha-oʻsha oq-oppoq boʻlib, mushtdek boʻlib, karavotlarida qiblaga qarab tasbeh oʻgirib oʻtirar edilar. Shu oʻtirgan koʻylari namoz oʻqiyaptilarmi, deb... ostonada taraddudlanib toʻxtagan edim, u kishi tasbehlarini shildiratib, yuzlariga fotiha tortdilar-da:
— Keling, kiravering, oʻg‘lim, — deb izn berdilar.

Men salom berib, ichkari kirib bordim. Yodgor endi yonimdan bir qadam ham jilmasdi.
— Vaalaykum, mirzo oʻg‘lim. Keldingizmi, oʻting, oʻta qoling, — deb manziratlar qilgan, duolar oʻqigan boʻldilar. Soʻng kennoyimni soʻray ketdilar. — Toychog‘imning ayajonisi qalay? Xudoyim shifogina bera qolibdimi?
— Inshaalloh-inshaalloh, — dedim tinchlantirib.— Tabib topib, dorularini eltib berib kelyapman. Sizlarga duoi salomlar aytdilar.
— Olloh salomat qilsin. Yaxshiyam Xudo Sizni yetkazdi. Chamanim kelguncha koʻnglimiz halak edi. Bir xonadonga bir erkak lozimligi shu-da. Ollohim ham oʻshaning sharofatidan balo-qazolardan asraydi. Ayol kishining qoʻli qaergacha ham yetardi. Mening oʻtirishim manavinday boʻlsa...

Yodgorning gapi yodimda edi, hol-ahvol soʻrash nav-bati menga yetib, sekin soʻradim:
— Yodgor bir nimalar deb chug‘urlaydi, tinchlikmi?— Men ustiga yengil yakandoz tashlangan sandal chetiga choʻka qoldim.
— Anuv duvananu aytutman, opoqbuvi... Aqamnu opketub qolgan tilanchu-chi? — deb chug‘urlab Yodgor karavotga yopishib bordi. U buvining oyoqlariga osilib, bir narsalarni tushuntirishga urinardi.
— Duvana dema, bolam, gunoh boʻladi. Tilanchi akang-ni nima qiladi. Qoʻy, qayoqdagi gapni gapirma. Gumon imonni ketkazadi, — deb Oytoʻra buvi uning boshini silab, menga oʻgirildilar. — Bolalarga ergashib ketgan ekan, haligacha daragi yoʻq. Boshi og‘ib Eski Joʻvaning bozorida adashganmi, Jangobda qolganmi, Asal ikki qidirib keldi...
— Bolalar bilishar, axir? — dedim ichim hapriqib.
— Birontasi tayinli gap aytsa, qani! Yurak-bag‘rimiz ezilib bitdi, — dedilar endi haq-rostiga koʻchib. — Zora shuning qadami qutlug‘ kelib, Ollohim bunga ham tirnoq bera qolsa, turmushi tinchib ketsa, deb asrab oluvdik, — deb tushuntirdilar. — Qayoqda?! Asalimni bilasiz, turish-turmushi shu, zahar. Hoziram uyiga kirib qamalib yotibdi. Qidirib oyog‘ida oyoq qolmaganmish. Qayoqda! Xasti Imomdan nari oʻtmagan. Bo Xudo, oʻsha sig‘indini degan. Qaydan yopishdi bu balo — bola isi yoqmaslik unga? Aqlim yetmaydi hech. Na ota urug‘ida bor, na ona urug‘ida. Shu asrandisi bilan andarmon boʻla qolsa, bemalol oyoq-qoʻlimni uzatib ketarmidim... — Oytoʻra buvi ovozlari oʻzgarib, mijjalariga yenglarini bosdilar. — Xudoyimdan aylanay, shunday sinarkan-da bandasini... Ishqilib, koʻrsatadiganini shu dunyodayoq koʻrsatsin-u, u dunyoga qoldirmasin... qiynog‘u jazolarini...

Tavba, nima boʻlyapti? Tashvish ustiga tashvish. Biridan qutulmay, boshqasi oyoq ostidan chiqib kelyapti. Endi yoʻqolgan bolakay topilmay turib men buni qanday olib ketarkanman?! Qolaversa, qanday og‘iz ochib boʻladi? Toʻg‘ri dalaga survormaymanmi boya, bu yoqqa burilib yurmay. Endi omonat nima boʻldi-yu, bunga bergan va’dam nima boʻldi?

Bir yoqda yoʻqolgan sepkiltoyga (oʻsha kelganimda birpasda elakishib keta qoluvdi) achinib turibman. Balki anuv zahar-zaqqumning tergashlari, turtkilashlaridan toʻyib shunday qildimikan? Ammo yetim boshi bilan qayoqqa ham borardi?
— Jangobga tushib, surishtirib chiqaymi? Milisaxonalarga kir, desangiz, kirib boqay, — dedim astoydil otlanib.

Men yuzlari yorishib, alqay ketadilar, oʻzlari bir yerlarga yetadilar, deb oʻylab edim. Qaytaga Oytoʻra buvi oʻtinch ila boqdilar:
— Undan koʻra, mana bu jujug‘imizni ola keting. Necha kundan beri ichikib, bir yerga yetdi. Borsa borsin: biron hafta turib kelar. Ungacha Chamanim ham qaytib qolsa, zora.
— Darvoqe, ayasi ham aytib edi.
— Nimani?
— Buvalarining yurtini koʻrib qoʻysin, deb...

Buni eshitgan Yodgormurodni koʻrsangiz! U namatning changini chiqarib, sakrab oʻynoqlar, uy ichida gir aylanib chopardi!
— Boʻldu-boʻldu, boramuz. Opketasuz endu, opketasuz. Ayam rozular, opoqbuvum rozular. — Gir aylanib kelib, yopishadi, ustilarimga tarmashadi: — Boramuz, talalarga boramuz. Qoʻziqorinlar teramuz.
— Ana, koʻrdiz, — dedilar u kishi ham.
— Mayli, olaket, desangiz — olib ketaveraman.

Shu tob u quvonchini ichiga sig‘dirolmay oʻzini shartta ustimga otdiyu boʻynimdan quchib ola qoldi. U hali-beri qoʻyib yuboradigan emas edi va men ham bag‘rimdan qoʻymay buviga dedim:
— Boʻlmasa, duo qiling.

Oytoʻra buvi halim tortib duo qilyaptilar, u kishining ovozlari, ovozlaridan ham burun duolari menga moydek yoqyapti, ammo koʻnglimning bir chekkasi xijilga oʻxshab, hech yorishmaydi, g‘ash. Akbarga achinyapman. U qayda qoldi ekan? Rostdanam oʻzi tilanchiga ergashib ketdimikan yo loʻlilar oʻg‘irlab, birovlarga oshirib yuborishdi? Olam toʻla yetim boʻlsa-yu, u kimga kerak boʻlib qolibdi? Hech tushuna olmayapman, aqlim bovar qilmaydi: hali ham bola oʻg‘rilari bor ekanmi?.. Yodimga esa, bolaligimizda kattalardan eshitganlarim — opqochib ketilgan bolakaylarning ayanchli taqdirlari tushib-tushib ketyapti. Ular bizni qoʻrqitishgani-qoʻrqitishgan edi:
— Avrasa laqqa tushma. Shaharga obboraman, shahar unday, shahar bunday, kinolar bor, kataysa-konkilari bor, «chaynamayshim»lari bor desa, ishonma,— deb tergashgani-tergashgan edi. — Opketib oldimi, yertoʻlasiga qamab qoʻyadi-da, bir kun kechasi supra yozib, sani ustiga qoʻyib yuboradi. Oʻzlari qoʻllarida bigiz, gir aylana qurib, oʻtirib olishadi. Oyimga ketaman, deb yig‘lab, qaysi tomonga yursang, oʻsha tomondan eting-ga bigiz sanchishadi. Sen qochib, oʻzingni boshqa tomonga urasan. U yoqdan ular bigiz sanchadilar. Shunaqqib seni ham, supradagi unni ham qora qoningga belab, keyin non yopib yeydilar. Ular shunaqa qavm — ularga roʻpara boʻla koʻrma, — deb qoʻrqitardilar.

Shu-shu xurjun koʻtargan tilanchiyu devonani koʻrdik, deguncha oyoqni qoʻlga olib qochaverardik. Akbarga aytib qoʻyishmagan ekanmi, yertoʻlasi bor — bola oʻg‘rilarini?

Hali u tushlarimga kirib chiqishi aniq. Yana nechanchidir marta yertoʻlama-ertoʻla qilichimni koʻtarib, izg‘isam kerak. Har gal bola oʻg‘rilarining adablarini berib, yoʻqolgan bolakaylarni qutqarmoqchi boʻlaman-u, yertoʻlaga bostirib kirgan joyimda uyg‘onib ketaman. Nega shunday — hech tushuna olmayman.

Bu gal-chi, Akbarni qutqara olarmikanman?

Xarobada Tushib Qolgan Ohanrabo

Bizning tomonlarga Beshog‘ochdan yolg‘iz bittagina avtobus qatnar edi. Ilingan ilinardi, ilinmagan piyoda — yayov ketardi. Omadimizni qarang, tiqilishib boʻlsa-da, oʻsha kichkinagina «xaptobus»ga chiqib oldik. Ketyapmiz, ketyapmiz, qani biron jon tushib, sal yengillashsak. Men-ku, chidayapman, lekin Yodgormurodni ezib qoʻyishmasa edi, deb jonim xalak. Axiyri uni deraza tomonda oʻtirgan sutchi opoqining tizzasiga joylashtirib tinchidim. Ammo oʻzim tiqilinchdan hech narsani koʻrolayotganim yoʻq. Qaerga yetganimizni taxminlabam bilib boʻlmayotir. Alohal,Choʻlponotaning guzariga qayrilishda yarim odam tushib, sal yengillashdik. Bu yog‘iga avtobus Bog‘obodning pasti bilan Boʻzsuv yoqalab, aylanma yoʻlga tushib oldiyu yuzga tanish Boʻzsuv nasimlari urilib, entikib ketdim. Havoning tozaligini ayting! Bu tomonlarda hali-hozirgina yomg‘ir shivalab oʻtgan-u, ana endi bodroq hidi anqib yotar edi. Keyin unga qoʻshilib deng, shu tepayu jarlar oralab oqib yotgan Boʻzsuvning nimtatir hidi, yovvoyi yalpizu botqog‘u buloq suvlarining boʻylari qoʻshilib omuxta boʻlib ketgan bir ajoyib hid kelyaptiki, iskab-iskalanib toʻymaysan, kishi. Yana allaqaerda (balki shu koʻcha yoqasidagi polkovniklar bog‘idadir) shaftolilar qiyg‘os gullab yuborgan-u, oʻsha nasimlar shaftoli guli boʻylarini «oʻg‘irlab» olib kelayotgandek!.. Polkovniklarning ham bilgani-bilgan! Boʻzsuv yoqasidan yigirma sotixlab joy olib, bog‘ qilib, ostidan suvlar oqadigan jannatdek soya-salqin joylarda yashashyapti. Olloh ularga bu dunyosini bergan. Hammayoq itirqini chiqib, buzilib boʻldi, lekin ularning bitta chivig‘iga ham tegishgani yoʻq. Hamma qochgan bulbullar shu yerda chax-chaxlab yotipti!

Bu orada biz Bog‘oboddan oʻtib, Qaynamaga chiqib bordigu hoʻv oldinda Boʻzsuv Qoʻshilishdan oʻtib, Achchi qirlariga qarab oqib ketadigan tomonda (naq Achchi qirlari ustida) yalt-yalt nur sochib, oʻsha yoqni nur seliga koʻmib tashlagan oftob koʻrindiyu yuragim qinidan chiqqudek hapriqib ketdi. Yopiray! Hech oʻzgarmabdi-ku! Oʻsha-oʻsha-ku! Bir vaqtlar shiyponda — Kattabog‘ning ustida turib koʻrganimdan a’lo-ku!

Men engashib Yodgorning qulog‘iga sekin shipshidim:
— Tushdik, toy bola. Yetib kepmiz.

Yodgormurod gangib, kalovlanib qolgan, hali atrofga, hali aftimga alanglab boqar edi:
— Nima, shu yermu? Keldukmu?
— Kelduk, kelduk, — deya oldinga intildim. — Hoʻv, birodar, bizni shoʻtta tashlab keting. Qaynamada qoldiring.
— Qayoqqa borasiz oʻzi? Bu yerda biron tirik jon qolmagan-ku, — dedi kimdir orqadan. — Koʻrmayapsizmi, hammayoqning itirqinini chiqarib yotishibdi.

Men parvoimga ilmay, ukachamni yetaklab, oldinga oʻtaverdim:
— Biz shu yerda tushamiz, shunaqasi piyoda ketamiz.

Shofyor kepchikday yuzida moshdek-moshdek chechak izlari qolgan yag‘rindor odam ekan.
— Oʻzingiz bilasiz, — deb mashinasini chetroqqa burdi.
— Chakki qildiz-da, opovsi, — derdi halitdan ku-yinib sutchi ayol, — bola bilan urinib qolasiz-ku.
— Urinish nimasi, oʻzimizning joylar, oʻynab ketamiz, — dedim tushayotgan joyimda. — Koʻrib qolsin-da, buyam... bu yoqlarni...
— Voy, shunaqami? Bugun bor, ertaga yoʻq tabarruk joylarimizni-ya? — dedi u orqamdan. Ovozi ham allaqanday yayrab-tovlanib chiqqan, u ichimning chuqur bir ingichka yerlariga tegib, etlarim jimirlashib ketgan edilar.

Men javob berarga ham holim kelmay Yodgorni qoʻltiqlab oldimu pastga tusha boshladim. Yaxshiyam u bor ekan, unga alahsidim. Hech qancha oʻtmay mashina jilib, biz koʻcha yoqasida yolg‘iz qolgan edik. Ukacham birpasgina begonasirab, atrofga alanglab turdi-yu, keyin bolaligiga borib, birdan oldinga chopa ketdi. Nima koʻra qolibdi, desam, qaynama doʻngiga chiqib borib, qoʻrqa-pisa ichiga moʻralamoqqa boshladi.
— Qoch, ajinaning inidan! — deb baqirib edim, qaynamaning ichidan bir nima otilib chiqadigandek u ortiga oʻgirila qochdi.
— Nima u, amaqu? Rostan inimu? — dedi kela solib oyog‘imga yopishib.
— Yoʻq, qaynama, — dedim uni qoʻrqitib yuborganimdan oʻzim uyalib.
— Nima qaynamaydu? — dedi koʻzlarimga javdirab u.
— Qaynamaydumas, qaynaydu, — dedim kulib.
— Xoʻp, nima qaynaydu? — dedi u hech tasavvur eta olmay. Men uning boshini siladim:
— Oddiy suv, koʻrmadingmi?

U bosh chayqadi:
— I-im... Hech nima qaynamopti-ku.

Men yana uning boshini silab, koʻchaning narigi betidagi doʻngga ishora qildim:
— Huv anavi hovuzchani koʻryapsanmi?
— Qanaqa xovuchcha? Doʻng-ku, — dedi u.
— Ana oʻsha doʻngni ichida hovuzchasi bor. Suv oʻsha yerdan tushib, bu yoqdan qaynab chiqadi, bilding.

U koʻzlarimga qadalib turib, chapak chalib yubordi:
— Zoʻr-ku! Oʻsha yerdan shoʻng‘ub... bu yerdan chiqadimu?
— Ha, barakalla, topding! Shuni qaynama deydilar.
— Har yoqlarga toshibam yotmaydu? — dedi u ta’sirlanib.
— Yotmaydu, — dedim men ham suyib.
— Sizibam ketmaydu!.. — dedi u.
— Ketmaydu, — dedim men.
— Qanday yaxshi! — Yodgor boyagiday bir oʻynoqlab qoʻyib, bilagimga yopishdi. — Zoʻr ekan siznu tomonlar...
— Sen mana bu yoqni koʻr, oftobning yotog‘ini koʻr,— dedim Boʻzsuv tepalari osha Achchi qirlarini koʻrsatib. U oftobning ming-milliard qiyama nurlari seliga botib atlaslanib yotardi. Yodgormurod qaradiyu koʻzlari qamashib ketib, pinjimga yuzini yashirdi. Soʻng oyoqlarimni panalab havaslanib tikildi.
— Vu-uy, muncha chiroylu?!
— Shunaqa: oftob botolmay-botolmay botadi bizni tomonlarda, — dedim oʻzim ham oʻsha yoqlardan koʻz uzolmay. — Sen uni bu yoqdan chiqayotganda koʻrsangmu, oh, — dedim kamiga.
— Koʻrsatasizmu? Opkelasizmu? — dedi u oʻynoqlab, qoʻllarimdan tortqilab.
— Opkel, desang opkelavuraman.
— Bog‘lariznu-chi, qachon koʻrsatasuz?...
— Koʻrsating desang, hoziram koʻrsatavuraman, — dedim-u, ichimda esa ishqilib surib tashlashmagan boʻlsin-da, deb turibman. U boʻlsa, sakrab-quvnaydi, oʻynoqlab tinmaydi:
— Koʻramuz-koʻramuz. Varrak uchuradugon tomlariznuyam koʻramuzmu?
— Yoʻq, — dedim ovozim oʻzgarib kelib. (Men uni qanday alday olaman!) — Tomlarimizni buzib ketganmiz. Allaqachon.
— Uylariznu-ya? — deb hayratlanib tikildi u.
— Ha-ha, — dedim zoʻrg‘a yutinib. Tomog‘imga bir narsalar tiqilib kelmoqda, u g‘ippa boʻg‘ilib, gapirolmay qoladigandek edim.
— Unda... unda biz qayoqqa boraturmuz? — dedi javdirab. Koʻzlari toliqib ketmagani uning. Pastdan tikilaverib, javdirayverib! Kipriklari xuddi qiz bolanikiday uzun-uzun, bir chiroyli edi, hech qilt etmasdi, tavba.
— Biznikiga, — dedim qult yutinib, — tomlari ochiq, eshik-derazalari — valongor, oʻzi qor-yomg‘irlarda ivib tushgan... boʻlsayam boravurasan... koʻravurasanmi? — dedim negadir.
— Boravuramuz-boravuramuz, — deb tortqilardi u, qistardi u.

Ishqilib omon turgan boʻlsin-da: taxmonlarimizu tokchalarimiz. Oʻsha madfun xatlar... Men ularni bunga, manavi jujuqtoyga — kennoyimning toychoqqinasiga qanday aytay? Qanday tushuntiray? Aslida nima uchun, ne niyatda kelayotganimizni qani, aytib boʻlsa! Og‘iz ochib boʻlsa!

Men uni qoʻlchasidan yetaklab olganman. U chim bosib ketgan tashlama ariqqa tushib ketay-ketay deb, qurib-qovjirab, qor-yomg‘irlarda qolib ham ado boʻlmagan oʻtlarga, yovvoyi yalpizlarga turtunib-surtunib kelyapti-yu, atrofga alanglab charchamaydi. Ba’zan u yer-bu yerda omon qolgan azim yong‘oqlaru oʻriklarga hayratlanib toʻxtab qoladi. Ular hali qip-yalang‘och: haligina shivalab oʻtgan yomg‘irdanmi, oʻrik shoxlari ivib-qorayib qolgan boʻlsa, yong‘oq tanasi tamomi shoxlarigacha kumushday yaltiraydi. Lekin kundakov qilib ulgurilmagan bog‘lar, ishkomlar bir g‘alati mung‘ayib koʻrinadilar. Dalaning ham dalaligi qolmapti. Hammayoq kavlab tashlangan, har yoqda chala imoratlar: bir yerda endi poydevor quyila boshlagan boʻlsa, boshqasining havozalari koʻtarilib, g‘isht terishga tushilgan. Undan naridagisida osmoni-haftimga boʻy choʻzgan (xuddi bir oyoqda turgan ulkan turnaday) yolg‘iz kran qaqqayib turadi. Qilt etgan jon koʻrinmaydi. Yaxshiyam bugun dam, boʻlmasa, anuv turgan joyida qolgan surgich traktoru moshinlarning (kuchanib-chirangan) ovozlari, quruvchilarning turfa tilda soʻkinib, baqirib-chaqirishlaridan quloqlar qomatga kelar-midi?

Hammadan burun manavi Yodgor qaerga kelib qoldik, deb oʻtakasi yorilgan boʻlardi. Hozir ham anavi bahaybat temir turnalardan choʻchib, miq etmay kelyapti. Goh-goh ustimizga ag‘anab tushmayaptimi, degandek, qoʻrqa-pusa tepaga qarab-qarab qoʻyadi. Qarab qoʻyapti-yu, boya Achchi qirlariga koʻzi tushib, vuylab yuborgan bolakay endi jimib qolgan, dami ichiga tushib ketgan kabi edi. Qoʻlchasi ila ikki barmog‘imni (boshmaldog‘imga qoʻshib) mahkam ushlab olgan-u, oʻzi yetib yurolmay, galdirab qolyapti.
— Charchadingmi, toychoq? — dedim qayrilib-toʻx-tab. — Koʻtarib ola qolay?
— I-im! — U shirin bosh toʻlg‘ab, odatdagidek dimog‘ida javob qildi-yu, kutilmaganda oldimga tushib chopqillab ketdi. — Yetub olingchu! Yetolmuysiz!

Iymaganni ham iydirib oladi, deganlari shu boʻlsa kerak! Uning ovozi kimsasiz dalamizda qoʻng‘iroqdek jaranglar, oʻzi esa tashlama ariq yoqalab, orqasiga alanglay-alanglay qiqirlab chopib borardi.

Beixtiyor, mening ham bolaligim tutib, quvalashib-hazillashgim kelib ketdi.
— Shoshma-chi, sen — toychoq, — deb orqasidan chopdim. U esa tutqich bermay qochib borarkan, hozir men tutib oladigandek, qiqir-qiqir kular, yana kamiga yelkasi osha xavotirlanib qarab-qarab qoʻyardi. Qoʻllarimni yoyib alpong-talpong qadam tashlashimdan, yetay deganda «munkib ketishimdan» bir yayrardiki... Ammo oʻzi qochib-kulaverib galdirab qopti, chimgami, nimaga qoqilib umbaloq oshib ketay, yiqilib tushay deyapti. Chopib borib ikki qoʻltig‘idan dast koʻtarib oldimu qiyqiratib... yelkamga mindirib qoʻydim.
— Ha-a, tutqazmas ekansan-a! Xoʻsh, qalaysan endi?

Hozirgina hansirab-qiqirlab turgan bolakay... yurakchasi qoʻlga tushgan qushchaning yuragiday potirlab yotipti-yu, oʻzi miq etmaydi. Qoshim osha qarasam, Usmon tog‘amning tashlab ketilgan bog‘lariga boqqanicha... qotib qopti!
— Ha, toychoq? Nima ekan, nima koʻra qolding? — dedim sekin silkib.
— Amaqu, unu qarang! Amaqu!.. Qarang Siz uni, — yelkamga olvolgan ukacham birdan qoʻshqoʻllab boshimga shappalay ketsa, kapalagim uchib ketibdi.
— Nima-nima? Nima ekan? — Men boqqa alanglab yotibman, ammo oʻlay agar, hayratga arzirli biron narsa koʻrsam! Itirqini chiqib, ishkomlari og‘ib, shox devorlari qulab yotgan bog‘da bolakay nima koʻra qolib-di — hech aqlim yetmas, oʻsha narsaga koʻzim tusha qolmasdi.

U esa hamon boshimga shappalaydi:
— U yoqqamas, bu yoqqa qarang Siz!..

Shundagina ilg‘ab, qotib qopman:
— Iya, voy, umi?!. Zoʻr-ku! — dedim tan berib. U shuncha narsa ichidan oʻshani koʻrgan edi! Gap shundaki, tog‘amning bog‘lari pastiga tusha boshlagan katta imoratning hov bir chekkasida... betondan qoʻnqayib chiqqan ulkan chakich-armaturalar ortida yolg‘iz tup shaftoli... naparmon gullab yuborgan, u kechki oftob nurlarida zarhalga belanib yarqirar, gulbarglarining tozaligi, nozik ado pushti gullarining koʻpligidan yurak hapriqib ketar edi!
— Qoyil! Koʻzing oʻtkur ekan-ku, sening, — deb yubordim.
— Chiroylu-a? — dedi u ham.
— Chiroylik ham gapmi! Goʻzal! Sendan zoʻr rassom chiqadi, — dedim maqtab-erkalab. U esa parvo ham qilmay atrofga yutaqib alanglar, yuring, yuravering, shunday zoʻr ekan, tomosha qilishlu ekan, deb qistar edi. Men jildim. Ammo hech qancha oʻtmay u yana boyagidek boshimga shappalashga tushdi:
— Qarang, uni qarang! — derdi nimalargadir achinib.
— Yana nima? Nima topa qolding? — dedim toʻxtab. U boʻlsa:
— Shunday narsanu... shunday narsanu...— deydi-yu, u yog‘ini aytolmaydi.
— Nima boʻlibdi, nima qilishibdi?
— Sindirishibdu qarang...
— Qani, nimani?
— Oʻsha zardoluni-da...

Shundagina koʻzim tushibdi: boyagi shaftolini.. kranmi, nima bosib-yanchib oʻtganu... bir shoxi tanasidan ayrilib tushib, loyga qorishib yotar va oʻsha yotishida ham chaman boʻlib gullab bergan edi! Ajab hol: shaftolining bir shohi shamollarga bag‘rini ochib, goʻyo koʻklam oftobiga shoda-shoda gul tutar, yal-yal pushti nur sochar edi. Yerdagisi esa uning suvdagi aksiga oʻxshab u ham koʻzni oʻynatardi. Valloh, shunaqasi ham boʻlarkanmi?.. Koʻrib koʻnglim buzilib ketgan, oʻzimga kelolmasdim. Nahot bir tirik jon topilmabdi uni koʻtarib qoʻyishga? Sherigiga matab, bog‘lab qoʻyishga?.. Shunday barq urib gullagan narsa... nahot ertaga yana oyoq ostida qolib ketavuradi?
— Zardolumas u — shaftolu, — dedim yelkamdagi toychoqqa. Bilmadim, oʻzimni og‘ir, mungli xayollardan chalg‘itarmidim yo bolakaynimi? Ishqilib, hech oʻzimga kelolmasdim. Ammo Yodgor boshqa narsaga chalg‘ib ulgurgan ekan, birdan jonlanib, qaerda oʻtirganini ham unutib, likonglay ketdi:
— Vu-uy, amaqu, anuvlarni ham koʻrung...
— Yana nimalarni koʻra qolding?
— Koʻpliginu... vuy!..
— Shaftolilarmi yana?
— Ha-da, koʻchub ketishganuminan, tashlab ketishganuminan... gullayveribdu, gullayveribdu...
— Vaqti kelgach, shu-da, gullaydi-da, toychoq. Hech kim toʻxtata olmaydi buni,— dedim u koʻrsatgan tomon-ga qayrilib. Va shu barobar chaldevorlar orqasidan, xarobayu vayronalar ichidan kelinchakday moʻralab turgan goʻzal xilqatlarga koʻzim tushib, toʻxtab qopman!..

Vo darig‘, bu qanaqasi? Men bunaqasini hov, ilgariyam, oʻsmirlik chog‘larim — Sultonmurod akam biz tomonlarga kelmasdan burun ham koʻrganman-ku! Ularning tashlab ketilgan xaroba qoʻrg‘onlari chekkasida har bahor bir tup shaftoli ana shunday qiyg‘os gullab chiqmasmidi? Biz uni boshiga zarroʻmol tashlagan kelinchakkami — nimaga oʻxshatmasmidik?!

Ha-ha, biz uni hojasini kutgan kelinchakka oʻxshatganimiz-oʻxshatgan edi. Endi-chi, endi? Mana bular-chi, qaerdan paydo boʻlib, tashlab ketilgan qoʻrg‘onlaru bog‘lar etagidan yuz ochmoqda? Qayoqqa qarasam, oʻsha yoqdan koʻrinyapti? Nima bu, sarobmi yo haqiqat?. Shunaqqib biz qoʻrg‘onlarimizni bitta-bitta boy bera-yotirmizmi? Shunaqqib Yakkabog‘dan, soʻng Kattabog‘dan ayrilib qoldikmi? Shunaqqib Izzayu Olmazorlarimizni tortib olishayotirmi?

Qachon qaytarkanmiz bu qoʻrg‘on, bu bog‘larga, anavi «kelinchak»lar oldiga? Umuman, salomlariga alik olguvchilar, qaytguvchilar topilarmikan? Sultonmu- rod akamga oʻxshab ularning himoyasiga chiqa olarmikan?

Shunaqa, koʻnglimning koʻchasiga nimalar kelmasdi!

Nihoyat, tashlama ariq (ha-ha, oʻsha chim bosgan, Boʻzsuvga qadar tushib borguvchi tashlama ariq) Usmon tog‘amning shoh-devorlari yoni bilan chiqib, tutzor tagidagi yoʻlga tutashdi. Bu yog‘i oson: dala oʻrtasidan tushib kelayotgan katta yoʻldan oʻtsagoq yetamiz. (U yoʻl opamning uylari tagiga kelib toʻxtagan, uni buzishsayoq, gal biznikiga edi.) Uyimizning orqa devoriyu qator jiydalarimizga (ular boʻrtib qolganga oʻx- shar-u, quv yalang‘och edi) koʻzim tushib quvonib ketdim. Ichimga bir iliqliq, umid yugurdi.

Hayriyat. Xudo asrabdi. Tegib ulgurishmabdi. Zora, kennoyijonim aytgan, tayinlagan narsalar ham jo-yida boʻlsa! Turgan boʻlsa! Men oʻsha joyni topsamoq, bas...

Yuragim... qinidan chiqib ketgudek, koʻksimni yorvorgudek dukirlab, boʻg‘zimga bir nimalar tiqilib-tiqilib keladir. Va, nihoyat, biladigan boʻldim! Akam bilan oʻrtalaridagi tarixni!.. Qanday topishib, qanday ayrilganlariniyu nima boʻlib, judolikda qolganlarini! Nimaga shuncha turib, shuncha kutib, biznikidan chiqib ketdi, bosh olib ketdi ekan? Yozgandir axir? Uzru iltijolarini? Tavalloyu nadomatlarini?
— Amaqu, amaqujon, nega yurmutmiz?— derdi ukacham qistab, quloqlarimdan tortqilab.— Yo keldukmi?..
— Kelduk, kelduk, — deya qoʻltiqlariga qoʻl yuborib, boshimdan dast koʻtarib oldim. — Endi oʻzing yur. Bizning bog‘u uylarni koʻr, — dedim yerga qoʻyib.
— Shu joylar... shu uylarmu? — dedi u koʻzlari pirpirab.
— Bizlar tashlab ketganda... buzilib yotganda koʻryapsan-da, sen, — dedim men. — Hoʻ-oʻ, ayang turganlarida koʻrsangmi edi!.. Jannat edi!
— Voy, ayam shatnu aytarmudilar? — dedi u sakrab-quvnab.
— Shatnu, — dedim men ham unga mengzab va boshini silab, — yana nimalar derdilar?
— Yana yig‘lardular, — dedi u birdan ma’yus tortib.

Men titrab ketdim. Qarshisiga choʻk tushib, tirsaklaridan tutib oldim:
— Menga qara, nima deb yig‘lardilar? Nega yig‘lardilar? Aytarmidilar hech?

U bosh silkidi:
— Hm... Tuzalub ketsam, olib boraman, yotub kelamuz, derdular.
— Yana-chi?..
— Yana, buvanglar yurtinu koʻrasan. Olmazorlarga oʻtamuz, derdular. Opkelolmadular, — dedi oʻksib.
— Mana, kelyapmiz-ku, — deb uni quchib, mitti yuzlarini yuzimga suykadim, — hali u yoqlarga ham oʻtamiz. Izzalarni, Foziltepalarni koʻrsataman.
— Shunaqamu? Bu yerdan keyin-a? — Uning koʻzlari chaqnab ketishiga ham, yoshlanib ma’yus tortib qolishiga ham taraf yoʻq edi. Hozir esa, boʻynimga osilib olgan edi.
— Yoʻlimiz-ku, axir, nega koʻrsatmayin, — deya qistadim. — Yuraqol endi. Kiramizu ketamiz.

Yetaklashib, opamlarning hovlilaridan oʻtib bordik. Hovliki, oʻralgan devorini aytmasa, hovli siyog‘i yoʻq. Kuzda mollar, qishda qarg‘ayu zag‘chalar xoʻb itirqinini chiqarishgan. Tomi ochiq — valongor uylar odamning xoʻrligini qoʻzg‘otadi. Necha uy buzib, koʻchib koʻrgan odam — men ham eski joylarimizni koʻrganda, oʻzimni tutolmayapman. Har qarich, har qadami aziz boʻlib ketgan joylarni qaytib koʻrish, bu ahvolda koʻrish... shunchalar og‘ir ekanmi?

Lekin Yodgor mendan ham sinchkov ekan. U oldimga tushib chopqillab ketdiyu jiydamiz tagidagi yoʻlkadan oʻtiboq taqqa toʻxtab qoldi. Men nima boʻpti ekan, deb ikki hatlashda yetib borsam... irg‘ishlab — sakray ketdi:
— Voy, amaku, qarang bunu! Tanudum, tanudum!..
— Nimani taniding? — Men azbaroyi hayron qolgan edim.
— Hovlunu tanudum...

Yo tavba!.. U nima deydir? Qanday taniydir?... Men garangsib qolayozgan edim.
— Qanaqasiga... taniysan? Endi kelishing-ku?

U qayrilib tizzalarimni quchib oldi:
— Koʻzumnu yumub aytub beraymu? Xuddu ayam aytganlaruday ekan. Tanudum.
— Shunaqami? — dedim suyib-erkalab. Men endi oʻzimga kela boshlagan edim. — Qani, bir boshdan esla-chi. Nimalar bor, deb edilar?
— Uzu-un uylar... — U koʻzlarini chirt yumib, kamiga kaftlari ila berkitgan edi.
— Toʻg‘ri. Uzu-un koʻchaga qaragan, kungay uylar, — dedim men. — Yana-chi?
— Yana, ka-attakon tol taguda supasu...
— Bor-bor. Undan keyin-chi?.. — Men uni yana ham suyib, yaxshi koʻrib keta boshlagan edim. U esa oʻsha hovliga orqa oʻgirib turgancha, buning ustiga koʻzini chirt yumib, kaftlari bilan berkitib olgancha... toshga oʻyilgandek yodida qolgan ertak hovlini — bizning hovlimizni birma-bir tasvirlab berar edi.
— Undan keyun zina bor, daxluz bor, — dedi entikib.
— Daxlizda-chi? — dedim men u koʻrib turganday aytayotganidan, topayotganidan battar hayajonlanib.
— Dahlizdamu?.. Taxmon bor, baland tokcha, tokcha oruqasida oʻshoqqa ochuladurgan darucha...

Ich-ichimdan bir toʻlqin qoʻzg‘olib, sarosimaga tushib qoldim. Yopiray, nimalar deyapti bu? Chindan top-yapti-ku?! Beixtiyor, uni yana ham suyib, quchoqlab oldim.
— Yana nimani eslaysan? Nimalarni aytib berganlar?
— Esladum, esladum, — deb qoʻlini koʻzlaridan olib oʻynoqladi u. — Yana tanuchanguz bor, tanucha! Topdimmu?
— Bor, bor, — deb yubordim oʻzim sezmay. — Oʻttan-chi, oʻttan qayoqqa oʻtiladi?
— Oʻttan, — Yodgor birpas jim qolib, bir qoʻlchasi ila chakkasini qashlab ham oldi. — Esladum, esladum, katta uyga oʻtiladu, ayamnu uylariga.
— Barakalla! Zoʻr eslab qolgan ekansan, — deb qistay ketdim, — Ayt, jonim, bittalab ayt! Hech birini qoldirmay ayt! — deb oʻtinmoqqa tushdim. — Eshigimizda, koʻchamizda-chi? Nimani eslayman, — derdim men bolakayni qiynab qoʻyayotganimni ham unutib.
— U yerdamu? — dedi u eslashga tirishib, ham lablarini bir chiroyli qimtab. — Koʻcha bor, koʻchaning u yog‘ida...
— Anhor-chi? Nokzor-chi? — dedim quvonchimni ichimga sig‘dirolmay.
— Bor-bor, anhoram bor, nokzorlar, bedapoyalaram...

Men uni boyagidan ham mahkamroq quchib olgan va oʻzimni unutib takrorlar edim:
— Topding, toychoq. Barchasini bilarkansan. Eslab qolganakansan. Kechir, ishonmay oʻtiribman. Umrida koʻrmagan, deb oʻtiribman. Sen esa...

Keyin oʻzimga kelib, ich-ichimdan bosib kelayotgan hayajonmi, oʻksukmi — nimalarimni yutib, uning yelkasidan tutgancha yuzlariga bir alpoz termuldim:
— Rostingni ayt, shularning barini ayang aytib berganmilar? Uzun kechalarda?
— Hm, — dedi u yengil bosh irg‘ab.
— Keyin tushlaringda?..
— Yoʻq, — dedi u bosh chayqab. — Oʻngimda koʻrgandayman xuddu.

Bolaga ishonmaslik mumkin emas edi. Lekin qanday koʻrdi, eslab qoldi ekan koʻrmagan joylarini? Shunisiga aqlim bovar qilmas edi. Boshim gir aylanib, oʻrnimdan turdim-da, otxona burchagidagi shaftoliga suyangancha qoldim. Bolaga esa:
— Yana oʻzing qarab boq-chi, sen taniydurgan nima qopti ekan, — dedim sekin.

U «yaxshu!» deya yuqoriga chopib ketdiyu men esam bu moʻ’jizaga — umrida bu yoqlarga qadam bosmagan bolakayning har bitta narsani — aniq-tiniq aytib berayotganiga hayronu lol qolib, qotib turardim. Bolada bir sir bor, derdim-u, nimaligiga aqlim yetaqolmasdi hech! Bu nima boʻlsa ekan? Yo u ham shu uyning farzandimi? Bilmasdim.

Bir vaqt nimaga kelganimiz yodimga tushib, shoshib qoldim. Darvoqe, kun botmagan, uning qizg‘ish shu’lasi qolgan-qutgan daraxtlarning qir uchlariyu yangi tushgan imoratlarning teppalarida oʻynar, vaqt oʻtayotib edi, shoshmoq lozim edi. Kennoyim aytgan omonatga xayolim qochib, ichkari yurdim.

Bu mahal uning Yodgorginasi, shirindan-shakar bolakay oʻyinga berilib, oʻzi bilan oʻzi boʻlib ketgan, meni-da unutib, hovlimizda u yoqdan-bu yoqqa chopib, yugurgilab yurardi. Hali ishkomlarimiz ichiga kirib ketar, hali supamiz tomon, hali zinamiz tomon chopardi. Hali otxonamizga moʻralab, hali dahlizimizga yugurib chiqadi. Ostonalarni ot qilib minib, deraza tokchalari ustiga, taxmonlarga chiqib, sakragani sakragan. Ba’zan shiftsiz devorlarga, osmonga anqayib qoladi-da, yana oʻyinga berilib ketadi.

Men esam, ichkari uyda oʻzim bilan oʻzim ovoraman. Zoʻr berib oʻrta tokchaning (paxsa ustidan terilgan) xom g‘ishtlarini koʻchirib yotibman. (Esimda bor, tog‘am tovchasi past boʻpqopti, deb ikki-uch qator g‘isht terdirgan, keyin suvab yuborilgan edi.) Ari qaeriga in qoʻya qolgan ekan? Orqasidan kirib kelib, joy topgandir-da?

Koʻchirgan joyimdanmi, xom g‘ishtlardanmi, achimsiq somon hidi aralash tuproq boʻyi anqirdi. Nihoyat g‘isht tugab, paxsa koʻrindi. Gʻoʻrasha tuproqlarni sidirib tushirib tashladim. Lekin na ari ini, na g‘ovak koʻrinardi. Qaerda ekan? Yo men boshqa tokchani koʻchirib yotibmanmi? Yuragim g‘urmishlab, ichim qizib ketyapti. Kallam qotib, qovoqqa aylanib qolgandek... Joʻyali bir fikr kela qolmaydi: qaerda boʻlishi mumkin? Bu yoqda kun ketyapti. Hali-zamon quyosh botvorishi mumkin.

Axiyri uning bir gapini esladim: «Tokchaning yoninu urib koʻrsangiz, bilasiz». Darvoqe, poʻkillaydi-ku. Oʻrta barmog‘im orqasi-la asta-asta urib koʻr-sam — bir joylari poʻkillab, qolgani takirlayapti. Shoshib qolib, tizzalab opman. Oʻsha yerni sekin ezsam, suvog‘i ezilayotir, hovliqib qattiqroq bosib edim, qoʻlim bilagimga qadar kirib ketdi.

Oʻtakam yorilib tortib opman. Bilib boʻladimi, nima kirib olgan. Suvoqlarini koʻchirib, sekin qarasam... ari ini quruqshab mushtdek boʻpqopti. Balki bu bir boʻlagidir. Qolganini kennoyim oʻsha vaqtdayoq tozalab tashlagandir. Keyin bitiklarini yashirib, suvab tashlagan boʻlsa ham ehtimol. Lekin unda bitiklar nimaga koʻrinmaydi? Qaerda qolishi mumkin? Asta qoʻlimni tiqib, paypaslab koʻrsam... bir nima — quruqshagan narsa shildiraydir. Changallab tortvola qoldim. Qarasam, chang bosgan sariq daftarning muqovasi... Gʻijimlanib chiqibdi! Demak, bir narsalar bor, qolgani ham bor. Yutoqib, suvoqni koʻchirishga, teshikni kattalashtirishga tushib ketdim.

Ari iniga yorug‘ tushib, katak daftarning qolgani ham koʻrindi.

Olsam, tagida yana bittasi. Ochib hayronu lol qoldim. Xat bir ajab imloda... jimjimador arab yozuvida edi.

Boʻshashib, oʻtirib qopman! Koshki uning zer-zabarlariga tishim oʻtsa, hij-da oʻqiy olsam. Oʻzimni shunday nochor-notavon his etdimki... Yana men oʻz davrining ziyolisi, institutlarni bitirgan, eng katta gazetalarda ishlaydirgan, har kuni quloch-quloch maqolalari chiqib turgan muxbir emishman! Nihoyati otin oyida (oʻsha ham oʻzining oyisi ekan) oʻqigan bir ayolchalik boʻlmasam. Oʻshalar bilgan narsani men bilmasam! Rosa boshqa tomonga oʻtlab ketgan ekanmizmi?..

Kennoyimning akamga atalgan maktublariga yetishganimda unga tishim oʻtmay oʻtirishimni koʻring! Ana sizga natija! Hatto uni birovga koʻrsatishga, koʻrsatish tugul aytishga haqqim yoʻq. Bu sirdan kimni ham voqif eta olardim?! Izn berilmagan: kennoyim izn bermasalar, men uni kimga ham oʻqita olardim?

Bir mahal qarasam, topgan boʻyrachoʻplaridan kemami, aravachami yasab, dahlizda oʻtirgan bolakay, mening mehmonim — Yodgormurod shu tomonga tikilib qopti. Koʻz koʻzga tushib, u shirin jilmaydi va shu jilmayishida yuz-koʻzlariga bir tiniq nur yugurib, kimgadir juda-juda oʻxshab ketdi; Esladim, u oʻsha boloxonada koʻrganim — suvratdagi koʻhlik ayolga oʻxshab, nim jilmayib turar, uzun-uzun kipriklari qora koʻzlariga bir yarashgan, tanimagan odam uni oʻg‘il bola demasdi. Peshonasidami, yonog‘idami, oʻsha Yusuf goʻzalligidan bir chimdimgina bor edi. Bir chimdim boʻlsa ham olamga tatiguli edi, tavba.

U mening xayolim yorishganini koʻrib boyagidek shirin jilmaydi:
— Nima izlayopsuz, amaqu?
— Topdim, — dedim noiloj.
— Qaniy, qaniy?! — u tura chopqillab keldi-yu, yelkamga osildi, — bitta koʻrsatung.
— Mana, eski xatlar ekan. Koʻrganing bilan se-niyam, meniyam tishimiz oʻtmaydi, — dedim yuziga tutib.
— Ha-ya, — dedi u bosh silkib. — ayam boʻlsalar oʻqiy olardilar. Innaykeyin opoqbuvim ham oʻqiy oladular, — dedi u maqtangisi kelib.
— Qanday yaxshi, — deyapman-u, ichim ezilib bor-yapti: koshki opoqbuviga aytib, birovlarga koʻrsatib boʻlsa bu narsani? Uni kimga ham oʻqita olardim?... Yana pochchaga olib boramanmi? Voy, hoy, Savobar, bu yoqqa qara, kelinimizning daragi chiqibdi, deb qolsalar nima boʻladi?.. Bu yoqda Chaman akam, u yoqda oʻzi tayinlashgan: aytmay tur, deb...

Men oʻz yog‘imga oʻzim qovrulib yotibman-ku, Yodgor hali tizzamga, hali yelkamga shappalab, bir narsalar deydi.
— Amaqu, qarang, qaray qolung?
— Nima deysan?

Qarasam, qoʻlida nosrang bir xaltacha. Bog‘ichidan tutib opti. Koʻk duxobadanmi-ey, lattadanmi-ey, chang bosib, tanib boʻlmay ketipti.
— Nima u? I-i, tashla! — dedim biron narsa ilashgan boʻlsa, chaqib olmasin, deb.
— Vuy!..

U jonholatda itqitib yuborib edi, taxmonga shiqirlab borib tushdi va changi toʻzib ketdi.
— Iy!— deb yubordim men ham.— Qattan topding?
— Mana, shoʻttan...

Hayron qoldim. Hozir manavi daftarlarni olganimda hech narsa yoʻq edi-ku. Qay burchagida yotgan ekan?
— Ichidanmi?
— Ha-da. Qarang, yana bir narsalar koʻrinadur, — dedi hammadan oldin oʻzi ari iniga moʻralagudek boʻlib.
— Qaniy...

Qarasam, eski ari ini boʻlaklari. Azbaroyi chang bosganidan kulrang narsa paxsa rangiga kirib ketipti. Arzirli bir narsa topmay oʻrnimdan turdim. Bo-lakayning xat berkitilgan joydan xaltacha topishi g‘alati edi. Undan ham burun uning taxmonga shiqir-lab borib tushuvi g‘aroyib edi. Ichidagi nima boʻlsa ekan?

Borib qoʻlimga olsam, rosmana duxoba xaltacha. Nozik qilib, og‘zi sirib, boʻg‘iladigan qilib tikilgan. Bir vaqtdagi tilla xaltachalarga mengzab ketadi.

Yuragim gurs-gurs urib ketyapti: ichidagi narsa qurib, g‘ozi ham qolmagan koʻrinar edi.

Barmog‘imni tiqib ocha boshlab edim, Yodgormurod yugurgilab keldi:
— Nimukan, amaqu?..

Yoruqqa solib qarasam, bir nimaning urug‘i. Gurunch boʻlib gurunch emas, bug‘doy boʻlib bug‘doy... Qoʻqon joʻxoridan ham maydaroq bir narsa. Hidlab boqsam, bir ajoyib muattar hid, elas-elas kelyapti. Xuddi xaltacha bir vaqt mushk xalta boʻlganu... unga urib qolgandek. Hayratga tushmay ilojingiz yoʻq. Bunga sari Yodgormurod «nimukan»lab etagimga osilyapti.
— Shoshma, hozir... — deb kaftimga ag‘darsam... bir kaft (nima deng!!) ohanrabo! Oʻsha gurunchni terganda ichidan chiqadigan ohanrabo doni! Biz uni topganda yoruqqa solib atay tomosha qilar va hayratga tushar edik. Negaki, unga yaxshilab razm solsangiz, odamning afti — qoshu koʻzlari koʻrinib ketaveradi. Shunday aniq-taniqki, hayron qolasiz. Esladim! Kennoyim biznikida turganlarida gurunchni patnisimizga yoyib, ohanrabosini terib oʻtirar edilar. Topsalar:
— Maqsudxoʻja, bunu qarang, — deb bir yerga yetar, topolmasalar bir hazin oʻylarga berilib ketar edilar. Oʻshalarni yig‘ib yurgan ekanlarmi?
— Nimukan?

Men uni suyib, qoʻltig‘imga tortdim:
— Zoʻr narsa topibsan. Buni ohanrabo deydilar. Iqboli bor odam topadu bunu.
— Berung-berung. Koʻray?
— Ma, faqat yoʻqotma. Ayangni koʻrgani borganimizda olib boramiz. Xoʻp?
— Boʻptu-boʻptu!.. — deb irg‘ishladi u. Shu tob tashqariga koʻzim tushib, boyagi daraxt uchlariyu bitmagan imoratlar tepasida yolqin koʻrmay shoshib qoldim. Osmon ham shom oldidan feruzadek bir tiniq tortib borar edi.
— Jur endi, qaytdik. Boʻlmasa kech qolamiz.
— Ayam aytgan joylariga oʻtamizmu endu? Olmazorga oʻtamizmu? — deb atrofimda gir aylanardi u.
— Oʻtamiz-oʻtamiz. oʻshanqasi ketamiz, — dedim-u, ichimdan qirindi oʻtyapti, turolmayapman: buvalarining yurti-qoʻrg‘onidan, Olmazorlaridan nima qoldikan? Bu yerda halitdan shunchalik, u yoqlarni tanib boʻlarmikan? Ayasi nimaga qistadi? Koʻrib qolsin debmi yo — armon qilib yurmasin debmi?.. Maqsadi nima? Bir niyati bordeg-u, bekorga iltimos qilmagandeg-u, hech anglay olmayotirman. Kallamda esa, anuv gapi — «buvasining Olmazorlarinu, Sultonmurod akangizning Yakkabog‘u Kattabog‘larinu koʻrib qoʻysun» — deganlari. Buvasi — tushunarli, ammo akamga nima daxli bor bu shirintoyning?
— Endi nima qilamuz, ketamuzmi? — derdi u boʻynimga osilib erkalanib.
— Ketamiz, — dedim erkalab. — Avval anhor boʻyiga chiqamiz. Binafshalar ochilgan boʻlsa, terasan. Ke-yin Olmazorga oʻtamiz, oʻshanaqasi...
— Ur-re, bunafshalar teramuz, Olmazorga oʻtamuz!..— deb sakrab quvnagancha oldinga tushdi va ho- li-jonimga qoʻymay qistay boshladi. — Juring-da, endu...
— Hay, ketsak-ketdik, — deya turdim. ammo koʻnglim bir tur — qoʻlimdagi manavi bitiklarni, kennoyimning xatlarini oʻqishga shunday sust ketyaptiki...

Ularni qachon, kimga oʻqitaman, oʻzim bilmayman. Rosa qiziq boʻldi-ku, bu yog‘i... Ularning tarixiga yetishdim deganda...

Xat goʻyo qulf-kalitlanib qolgandek edi. Balki boshdayoq atay shunday afsunlab qoʻyilgandir? Uning kalitini topmoq uchun qanday duolar oʻqisam ekan? Bilsam edi!..

Olloh izn bermasa, hech narsaga erishib boʻlmasligini esa, hali men bilmas edim...

Buvajonisini Sog‘ingan Bolakay (yoxud koʻplarga qorong‘u yashirin bir safar)

Oʻrtada olov chirsillar edi. Uning qirmizi tillari goh bir-biri bilan achomlashib-oʻpishib ketar, goh har yon shox tashlab, raqsga tushayotgan lolarang koʻylakli uyg‘ur qizlaridek jamlanib qolardi-da, yana olovrang qilich koʻtarib jihodga chiqqan otliqlardek «urho» solardi.

Gulxan shunaqa gurillab yonmoqda, archa shoxlari bir ajib boʻy taratmoqda edi. Qay bir hoʻlroq shoxning bir chekkasi jizillar, hamma nam oʻsha yerga tepchib qaynamoqda edi. Ba’zan alangga junbushga kelib, olov ichiga tiqib qoʻyilgan qora qumg‘onga yopishib, dastalarigacha quchmoqchi, orasidan oʻtib, ichlariga dovur moʻralamoqchi boʻladi. Shunda qumg‘on soyasi kichrayib, poʻstinga oʻralib g‘ujanak boʻlib yotgan bolaning sepkil toshgan yuzlariyu doʻng peshonasi koʻrinib ketadi. U ikkala kaftini juftlab, ustiga yuzini qoʻygancha pishillab uxlaydi. Uxlaydi-yu, shaytoni tezroqmi, tushida ham jim yotmay, bir g‘alati jilmayib qoʻyayotir. Xuddi birovni mazax qilgansimon... Yuzlari yoyilib, lablari qimtilgudek shu jilmayishida bexos qiqirlab kulib yuboradigandek...

Uning yonginasida, gulxanga yaqin joyda ulkan yong‘oq toʻnkasidek boʻlib, yelkasiga poʻstinini tashlagan bir odam, qarshisida esa eski qora choponli, naynov, ustiga-ustak uzun sapcha bosh kimsa qoʻlidagi choʻp ila olov titkilab oʻtiripti.

Unisining qop-qora soyasi xarobaning yarim tosh devoriyu shiftiga dovur egallagan boʻlsa, bunisidan teraknikiday uzun soya tushib, devorga yetganda bir, shiftda bir sinib, soʻng choʻrt uzilgan.

Ular qoʻngan yer eski karvonsaroy shekilli, tepa shifti gumbazsimon koʻrinadi. Oʻsha yoqdan ba’zan koʻrshapalaklarning sharpasimi — nimasi kelganday boʻladi. Boshqa tiq etgan tovush yoʻq. Hali chirildoqlar uyg‘onishmagan: kirib ketgan kovaklarida toʻng qotib yotishipti.

Lekin tun qaroqchisi boyoʻg‘li sergak ekan, gulxan yoqilgandayoq uchib ketib edi. Shundan beri xaroba atrofida aylanib halak. Hali u yonidan, hali bu yonidan uchib oʻtib, bir yerlarga qoʻnadi-da, xunukdan-xunuk, sovuqdan-sovuq sayrab qoʻyadi.

Hozir ham oʻpirilib tushgan eshikka yaqin joyda sayrab yubordiyu kiraverishdagi otlar hurkib ketib, qay biri oʻzini orqaga tashlab, qay biri pishqirib, tizginni uzgudek boʻldi. Ikkalasi ham quloqlarini ding qilib, yem xaltalarini boshlariga ilib, qochgudek holga tushgan edilar.
— Dr-r, jonivorlar, oʻtakangiz yorilmasin, — deb oʻrnidan turdi daroz odam. — Uning soyasi oʻzidan uzun, shift oʻrtasiga yetgudek edi. — Bir kechalik mehmonmiz, denglar — tinchiydi, — deb ularni tinchlan-tirishga urindi. Sal oʻtmay ular yemtoʻrvalariga andarmon boʻlib, yana kusur-kusur don chaynashga tushdilar.
— Ha, bu boshqa gap. Bir kechaga shuncha ayyuhannosmi? — deb qaytardi u.

Bu orada qumg‘on shaqirlab chiqib, oʻz ashulasini boshladi. Toʻkilgan suv jizilladi.
— Kiyik oʻtingdan bormi? — dedi «ulkan toʻnka»ga ovoz bitib. U qumg‘onni bandidan ushlab, olovdan chetga surmoqchi edi, qoʻli kuyib, ilkis silkidi: — Hoʻv, zang‘ar, chippa oldi-ya! — deb soʻkindi. Poʻstini yelkasidan sirg‘alib tushib, orqasidagi bahaybat soya ham «quladi». Bolaning g‘ujanak oyoqlariga dovur koʻrindi. U hiyla boʻychangina edi, rosa charchagan shekilli, qilt etmay pishillab uxlayapti. Qoʻli kuygan kimsa poʻstinsiz ham haybatli, yelkalari keng-keng, yag‘rindor edi.

U jon achchig‘ida qoʻliga tuf-tuflab edi:
— Ha, oʻlmang, endi topdiz, aka pochcha, kuyganning davosi tufuk. Yaxshilab tufuklay bering, — dedi sherigi uning joniga ora kirmoqchi boʻlib.
— Koʻp mahmadanalik qilmay, aytganni bil! Choyni damlab, dasturxonni yozsang-chi, — dedi jerkib, aka pochcha deganlari. — Qorin piyozdi poʻsti boʻp yotib- di-yu, boyoʻg‘lidek sayrashingni qara.
— Xoʻp, dedik-ku, aka pochcha, bir og‘iz soʻziz. — Naynov chaqqon turib, xurjundan bir nimalar ola boshladi. Soʻng belbog‘i bilan qumg‘onni ushlab, olovdan surdi. Hamon shaqirlashi tinmagan suvga bir chimdim kiyik oʻti tashlab:
— Ana, aka pochcha, choy ham gatop. Endi ochildasturxondi yozib yuborsak, qazi-qartalarni kesib tashlasak, Siz Xudoyorxon — biz Pusulmonqul-da, — deb xurjunni titkilamoqqa unnaldi.
— Pusulmonqulingga balo bormi? Kim oʻzi? — dedi haybatluv kimsa kuygan qoʻlini hali etigining qoʻnjiga, hali yengiga suykab.
— Iya, aka pochcha, Sizni kim oʻratepali deydi, Pusulmonqulni bilmasangiz. Kimni yurtidan oʻtib boraturgan ekanmiz? U shu qipchoq elatidan-da. Xoʻb tullagu bir dovyurak odam. Kuyovining nomidan qancha vaqt yurt soʻragan, — dedi daroz sherigi yorug‘ yerga dasturxon yoza boshlab. — Qamchisidan qon tomib, qilichidan...
— Har qancha qilichi qonsiragan boʻlsin, bir qipchoqqa berib qoʻyadimi taxtni? Gʻurur qani, xon degan nomi qani?! Kim ekan u qoʻg‘irchoq xon?
— Taxtni topshirib qoʻymagandir-u, lekin qaynota qaynota-da, aka pochcha.
— Xonga boshqa qiz qurigan ekanmi? Yurt toʻla qizlar sochini tarab oʻtirsayu bu kishim allaqanday qipchoqqa... — Kuygan qoʻlning alami tarqamasdimi, hech hovridan tusholmasdi u.
— Voy, aka pochcha-ey, xoʻb g‘alati gaplarni aytasiz-da... Xudoyorxonni kim xon koʻtaribdi?!. Bola yoshida oʻzi koʻtargan-ku. Keyin qizini berib, qaynota ham boʻlib olgan-da, u makkor. Keyin esa haddidan oshib, adabchasini ham yegan.
— Ana, men nima dedim. Yebdi-ku, adabchasini! — dedi haybatluv kimsa tushib ketgan poʻstinni oʻtirgan koʻyi qayta yelkasiga tortib. — Xoʻp, nima boʻp tumshug‘idan ilinibdi? — Bu tarixga endi u qiziqa boshlagan edi.
— Oʻris bilan til topishib qoʻygan ekan, xon aytganiga yurmayvergach...
— Taxt oʻlsin-a, shirin boʻlmay. Xudo urmasa, kofirga quchoq ochadimi? Adashtirsa shu-da. Xoʻsh, ke-yin-chi?
— Keyin nima boʻlardi?! Xon ham sassiq choldan qutulolmay turgan ekan, tarafdorlar topib qipchoq-qirg‘iz qirg‘iniga fatvo bervorgan-da, tutganni soʻyishgan, — dedi u boʻyniga qoʻlini tortib koʻrsatib. — Oqibatda qancha begunoh...
— Pusulmonquling-chi, qochib yuborolmabdimi?
— Nega qochmaskan?! Sichqonni inini ming tangaga olib qochgan-u, boʻlmagan-da. Tutib kelib temir qafasga solib, oʻrda oldiga osib qoʻyibdilar. Oʻsha oʻtirishida ham, — dedi u choyni shopirib-shopirib qaytarib, — tomoshaga kelgan xalq «Ha, xoling qalay, choʻloq?», desa, past tushmay «Alhamdulilloh, hali ham sizlardan yuqori bir yerda oʻltiribman», deb kular emish.
— Xoʻb ajab chapani ekan-ku? — dedi haybatluv hayratga tushib. — Dor tagida turib-a? Yurakdanmi bergan ekan.
— Choyga qarang, — dedi sherigi choy uzatib. — Iloj qancha! Omon qoʻymasliklarini bilgach, kishi botir boʻlib ketsa kerak-da.

Ot pishqirdi, soʻng tezaklab, dumini silkib-silkib qoʻydi, oʻsha yoqdan izg‘irin esib, gulxan gurilladi va shu barobar yangi tezak hidini anqitib oʻtdi.
— Jazosi ham gunohiga yarasha boʻlgandir? — dedi haybatluv lochira nonni kusurlatib.
— Oʻsha til biriktirgan og‘ziga qoʻrg‘oshin quygan ekanlar.
— Hov-v, — dedi haybatluv kimsa, — shunaqa jazolariyam bor ekanmi?
— Oʻsha paytda-da, aka pochcha.

Bola uyqusirab tamshandi. Sovuqsirab, oyog‘ini yig‘ib, g‘ujanak boʻlib oldi. Yelkasiga poʻstin tashlagan haybatluv kimsa unga oʻgirilib qarab qoʻydi.
— Hoziram... ayamasalar kerak?...

Daroz sherigi ilkis qarab, tek qotdi: damlayotganchoyi choyda, piyolasi qoʻlida qoldi:
— Nimani... aytasiz?
— Bu tarz yurishlarimizni-da.
— Qanday? Tushunmadim.
— Xudo asrasin-u, qoʻlga tushsak deyman-da. Qancha berisharkin, Xudoyberdi? — Haybatluv kishi dasturxondan yana bir burda lochira ushatib olib, og‘ziga soldi. Lochira kusirlar edi.

Choypaz oʻziga kelib-kelolmay qoʻlidagi choyni qumg‘onga qaytardi.
— Nafasizzi yel olsin, aka pochcha. Bu oʻsha tarz ishlardan ekanmi?..
— Farqi nima?
— Mahovat qildiz-da, toza.
— Shoshma sen. Bu ham til biriktiruvmi?
— Biriktiruv.
— Jindek ta’ma aralashgan joylari ham bor-a?

Daroz sherigi e’tiroz bildirmoqchi edi, haybatluv uni kesdi:
— Xoʻp, deyaver!
— Hay, jindek shirikomayu va’dalar bor deylik. Daragi topilgan xeshlar uchun...
— Bu yurishimiz-chi, hufiya yoʻllar izlab? Dovonu sarhad oshamiz deb?

U yelka uchirdi:
— Ha, shusiz u diyorga oʻtib boʻlmasa, soʻzni ustidan chiqib boʻlmasa...
— Yana nima deysan?
— Lekin niyat-chi, aka pochcha? Niyatga qaramaysizmi? Aytdim-ku: zamonni zayli bilan oʻsha kishimning bir ishlari tushib qopti. Tirnoqlarini izlashayotgan ekan... Yotardingiz-da, oʻsha Jangobning choyxonasida chilimni quldiratib!
— Yotardim, gashtiga nima yetsin edi. Mana bunday majhul ishlarga aralashib yurmay.
— Ishshi bitirib, yana yotaverasiz, — deb kuldi yoʻldoshi. Soʻng choy quyib uzatdi.
— Farqi nima? — toʻng‘illadi u.
— Farqi... har kuni osh, qazi-qarta, norin... Koʻngil tusaganini buyurasiz. Oʻzingiz xon — koʻlankangiz maydon. Yana nima kerak Sizga? Qolaversa, soʻzimni yerga tashlamay kelyapsiz.
— Ha, barakalla, bilarkansan-ku. Sendan boʻlakka oʻlsam koʻnmasdim.
— Qadrdonlik shu-da, aka. U dunyo-bu dunyo unutmayman.
— Baxayr. Ishqilib, shu jinqarchani eson-omon buvasiga yetkazib borsak boʻlganimi? — Aka pochcha choyni bir chetga qoʻyib, qazidan totindi. — Ammo-lekin manaving bu dunyoning qazisi boʻlmapti! Im-m... chaynagan saring elitadi-ku, odamni!
— Toyniki-da, aka pochcha. Olavering, osh boʻlsin. Tagi koʻp, g‘amlaganman juda,— dedi u maqtovdan eshilib.

Bola qunishib qimirladi. Keyin gulxanga oʻgi- rilib yotib oldi. Aka pochcha unga yelkasi osha qarab qoʻydi:
— Biron narsa... tamaddi qilib olsa boʻlardi buning?..
— Sal tiniqib olsin. Ochqasa, oʻzi uyg‘onadi, — dedi Xudoyberdi. — Yoʻl qoqqan-da.

Qay bir ot oyog‘ini kerib, voshillatib boʻshanib yubordi. Narigisi pishqirib, betoqatlandi. Uzoqda haqqu sayramoqqa boshladi. Va yana tinchlik choʻkdi. Yolg‘iz gulxangina behol yonib, uning tillari ham mudrab-mudrab ketardi. Bola yana tamshandi.
— «Ochlikni yostiq koʻtaradi»mas-da. Uyg‘otsang boʻlardi, — dedi koʻngli boʻlmay haybatluv.
— Savol xaltasi ochilib ketsa, urishib yurmaysizmi? Koʻrdingiz-ku, kuni bilan, — dedi sherigi tamaddiga qoʻshilib. — Oʻlay agar, «Oʻzi bir qarich, soqoli qirq qarich»lardan qati kam?!
— Oxirzamonning zumrashalari-da, — deb ishshayib qoʻydi aka pochcha. — Ruhi qari bularning.
— Yoʻq, zuvalasida bir nima bor. Buvasi bekorga qidirmaydi.
— Yuzida nur koʻrganday koʻpirasan-a, Xudoyberdi. Sal pastroq tush, sepkilini koʻr.
— Sepkil koʻtarilib ketadigan narsa, aka pochcha. Qolaversa, buning buvasi zoʻr odam, unaqa himmatli kishini siz uchratmagansiz.
— Koʻrarmiz himmatini ham. Choydan quy, bu dunyoniki boʻlmapti.
— Qumg‘onda pishgan-da, aka pochcha. Har kuni ichib yuribsizmi?
— Qolsa, shu qoladi xotira boʻlib, bu yurishlar-dan.
— Gulxanni, mana bu oʻtirishlarimiz, tog‘u tosh oshib yurishlarimizni aytasiz-da!— dedi beshikchi uzun esnab. Yana haqqu uyg‘ondi, sherigini chorlab nola qildi. Soyning narigi betidami, tog‘dami — boshqasi sado berdi. Ikkalasi galma-gal «quv-quv»lay boshladilar.

Bola yotgan joyida tamshanib turib, uyqusiragancha, aniq-taniq gapirib yubordi:
— Chaman tog‘am kelsinla — koʻrasan!
— Ol-a! — dedi beshikchi, mudrab borayotgan joyi-da bir sakrab tushib.
— Eshitding-a? — deb qoʻydi aka pochcha ham u tomonga bosh irg‘ab.
— Alahsirayapti-da, amakisi, — dedi u pinak buzmoqchimasdek. Lekin oʻzi jumboq ichida qolgan edi: «Chaman degani kim ekan?..»
— Taniysanmi? — dedi aka pochcha huzurlanib choy hoʻplab.
— Birinchi eshitishim, — dedi beshikchi.

Ot bosh toʻlg‘ay-toʻlg‘ay pishqirdi. Aka pochcha oʻsha yoqqa xayoli qochib, dedi:
— Boshidan toʻrvasini chiqarib qoʻysang boʻlardi. Kusar etibam da’vo qilaveradi.

Sherigi turib otlar tomon yurdi. Uning uzun soya-si xaroba devoriga qapishib borib, oʻsha tomonning jivir-jiviriga qoʻshilib ketdi. «Tis-tis»lab soʻkingani, soʻng otning sag‘risiga shapatilab, erkalagani eshitildi. Allaqancha vaqt otlar bilanmi, yana nimalar bilan andarmon boʻlib, yoʻq boʻlib ketdi. Qaytib kelib, bir chekkada qoʻlini chaydi-da, tik turgancha belbog‘iga artina boshladi.
— Shunaqqib, eshitmaganman, degin?

U tilini «toqillatib» edi, tungi jimjitlikda jangillab ketdi. Bola boshini oʻnglab yotib oldi-yu, uyg‘onmadi.
— Yo biz xato eshitdikmi?

Beshikchi boya oʻzi oʻtirgan tosh ustiga choʻkib, choy quya boshladi:
— Bola bir uyqusiradi-qoʻydi-da... Amakisi boʻl-ganda nima, boʻlmaganda nima?..
— Sen aytasan-da. Men bir mahal oʻsha Jangobda eshitgandayman. Otasiniyam tanimaydigan bezorilar davrasida. Hech narsadan toymasdi ular. Keyin yoʻq boʻp ketdi bir sira, qamalib ketdimi, otilib ketdimi — bilmadim.

Beshikchi choy hoʻplab turib, qalqib ketdi. Soʻng oʻzini bazoʻr bosib, kuldi:
— Xoʻb, vahima qildizmi, aka pochcha?

Aka pochcha deganlari norozilanib qaradi. Gulxanga choʻp tashlab, dedi:
— Sen nimani bilasan! Bu mashru oʻg‘rilarning qonuni yomon! Hazillashib boʻlmaydi.
— Nima, biz ularga tegishli narsaga qoʻl choʻzibmizmiki, choʻchiymiz? Biz savob uchun boryapmiz. Mirzahoji buvani deb. Bolapaqirni avrab opqochganlar javobini beravursin. Haqlarini qurutday sanab olishgan.

Aka pochcha «ot tish»larini koʻrsatib sassiz kuldi:
— U tomonlarga qaytib bormaydigandek gapirasan-a.
— Qayoqqa-qayoqqa?
— Eski Joʻvaga-da.
— Qaytsak nima boʻpti? — anglamaganday qaradi beshikchi.
— Kosa kosaga toʻg‘ri kelganda ham shu qoʻshig‘ingni aytarmikansan?
— Nafasingizni yel olsin. Koʻp sovuq nafas qildingiz-da, bugun, — deb u qoʻzg‘olib qoʻydi.

Choyning tagini sepib tashlab, bunga qaradi, — qoʻyaymi oʻzlariga?
— Quy, juda yutimli boʻpti. Nima balo, koʻzni shamg‘alat qilib koʻknoridan zig‘ircha tashlavorganmisan?
— Koʻknor otliqqa yoʻq-ku, aka pochcha, kiyik oʻt shunaqa boʻladi. Ichgan sari chanqatvuradi.

Hech kim kutmaganida bola boshini koʻtarib, turib oʻtirdi. Yuz-koʻzlarini ishqab, esnadi-da, laxcha choʻg‘ boʻlib tushgan olovning holsiz-holsiz alangalanib qoʻyishiga esi og‘ib tikildi. Soʻng bir junjikib, tizzalarini quchib oldi. Qoʻyib bersa, yana yotib uxlaydigan.
— Kalla pishdimi, — dedi aka pochcha oʻgirilib.
— Yotaqol boʻlmasa, Yodgortoy, — dedi beshikchi mehribonchiligi tutib, — biratoʻla tiniqib olasan.
— Qorni-chi, buning? Yo bolani nafsi yoʻqmi? Gʻalati ekansan-ku, sen!.. — Uni jerkib berib, bolaning boshini siladi aka pochcha deganlari. — Tura qol, toybola. Yuzingni chayib kelsang, tamaddi qilib olasan. Ochqab ketgandirsan, axir!

Bola javob oʻrniga ham uzun esnadi.
— Ha, ana, quldirab-chuldirayotgan ichaklaringdan ma’lum. Dasturxonni koʻrib, nog‘ora chalyapti. Tur, bolaning qoʻliga suv ber, — dedi u chap yelkasidan sirg‘alib tushib borayotgan poʻstinni oʻnglab.
— Suvmi? Yodgortoygami? U yuzini yuvaman deydiyu biz qarab turamizmi? — dedi beshikchi qoshdan qovoq qaytarmay.

Bola yuvinib, uzun amakining belbog‘iga artinib, joyiga qaytdi. Ungacha aka pochcha uning joyini olovga yaqin surib, gulxanga oʻtin tashlagan boʻldi. Kelgach, dasturxonni yaqin surdi.
— Ol, manavi qazilardan. Nonga qoʻshib olaver.

Unisi choy quyib tiqishtirdi:
— Ichib boqing-chi, toy bola, sovub qolmabdimi? Yoʻq desangiz, qaytadan olovga qoʻyvoramiz.

Bola hamon yarim uyqusirab kavshanar, aka pochcha unga rahmi kelib tikilardi. Nimalar xayolidan kechadi, oʻziga ayon, lekin sherigiga yanibroq qarab qoʻyardi.
— Bolapaqirni yoʻl qoqib qoʻyibdi. Senga aytuvdim-a, egarga bir nima toʻshatib ol, deb.
— Devdingiz-devdingiz. Shoshganda salomga alik topilmay... survoribmiz-da.
— Qazini unutmabsan-ku? Yana «Yodgortoy»laganing-ga oʻlaymi!
— Uzr, bizdan oʻtibdi, aka pochcha. — U qoʻlini koʻksiga qoʻydi.
— Mendanmas, bundan soʻra...
— Soʻrayman ham... — dedi u oʻsha-oʻsha ta’zimda, — ukam kechiradi.
— Kechirasanmi? — dedi aka pochcha azza-bazza kuraklarini silab.

Bola kavshanishdan toʻxtab, beshikchining betiga ijirg‘anibroq tikildi. Soʻng qoʻlini choyga uzatdi:
— Bu kishi avval rostuni aytsinla...
— Nimaning rostini? Men nimani yashiribman? Voy, huvarining bolasi-ey, odamni toza xijolatga qoʻyding-ku. — Beshikchi chindan oʻzini qoʻyarga joy topolmay qolgandi.
— Boʻmasa, qayoqqa opketayotibsila? — choyni ichmay ham, arazlagandek qarab qoʻydi u. — Sotganimi?

Tomdan tarasha tushgandek bu gapdan hamrohlar bir-birovlariga qarab olishdi.
— Sen qattan olding bu gapni? — dedi beshikchi, axiyri tiliga zabon bitib.
— Duvana ham silaminan sherikmi, axir? — dedi bola hamon arazidan tushmay.
— Qanaqa duvana, Xudoyberdi? Kimni aytopti bu? — dedi «aka pochcha» deganlari ang-tang qolib.

Beshikchi tushuntirishga oʻng‘aysizlanib, oʻrnashibroq oʻtirishga urindi.
— Hali mendan yashirgan gaplaring ham bormidi?— dedi «aka pochcha» azza-bazza xafa boʻlib. U jahl ustida piyola tagida qolgan choyni sepib edi, u gulxan chetiga yumalagan choʻg‘ga tushib, voshilladi, undan pista koʻmir hidi anqib ketdi. Beshikchi xokisor termuldi:
— Oʻlibman-da, aka pochcha, namozxon odam...
— Unda bu gap qaerda chiqopti? Duvanasi kim?

Beshikchi — sodda-toʻpori odam, bolaning oldida ming xijolatlarga botib, (ochmasa boʻlmaydi, ochsa — bola bor) oʻng‘aysizlana-oʻng‘aysizlana sirni ochishga majbur boʻldi:
— Taniysiz Siz ham... Anuv Kallaxonaga tanda qoʻygan sariq moshak bor-ku, Davangir devona?..
— Tilanchimi?.. Uning bu ishga nima daxli bor? Gʻirt savdoyi-ku, — dedi ensasi qotib u.
— Shunaqa, bir qarasangiz savdoyi, bir qarasangiz duogoʻy. Tingchimi, toʻg‘ri odammi — birov bilsa oʻlsin agar, — dedi beshikchi, — biz taniganimizdan beri shu yurishi.
— Bilarkansan, nima qilib osh-qatiq boʻlib yuribsan?
— Qaydagi gaplarni gapirasiz, aka pochcha? Men uni keyin bildim-ku, — dedi beshikchi ham oʻz navbatida ginaxonlikka tushib.
— Sherik deb turibdi-ku, bu? — Aka pochcha oʻz ginasidan qolmasdi.
— Men Turob maxsumni bilaman. Bu oʻsha kishimni iltimoslari. Siz Mirzahojimdan koʻp yaxshilik koʻrgan odamsiz, Xudoyberdi, shu xatminan manavi omonatni u kishimga yetkazsangiz, dedilar. Men Sizga ishondim, endi yoʻl biladigan odam toping, dedilar. Men Sizga uchradim. Bu yoqlarga kishi bilmas qatnaganingizni eshitib, aka pochcha.
— Davangir-chi? Oʻrtada u nima qilib yuripti? — Aka pochcha deganlari hamon boʻshashmasdi.

Beshikchi yelka qisdi:
— U bolani qaydan topgan, qaydan ergashtirgan, qanchaga kelishgan — oʻzi biladi. Oʻg‘irlab-moʻg‘irlagan boʻlsa, gunohi oʻziga. Men fiysabilloh, azbaroyi Mirzahojim uchun, rozi boʻlganman. Meni bilasiz-ku, aka pochcha, bir umr harom luqmadan hazar qilib yurgan odam, nahot shu ishga koʻnsam? Uchini sezsam, aytmasmidim.

Aka pochcha tagidagi egarga oʻrnashibroq oʻtirib, tizzalarini uqaladi. Yapasqi yuzidan jahl soyasi ariganday edi.
— Eshitting? — dedi bolaga qiyg‘och ham erkalagannamo qarab. — Biz devona bilan oftobda qatiq yalashgan joyimiz yoʻq. Biz piysabillo buvangni yurtiga ketayotirmiz. Shirinkoma uchun hammas. Shunchaki, man manavi beshikchi tog‘angga qayishib, u buvangni tanigani hurmatidan. Qolaversa, buvang zamonni zayli bilan bu yoqlarga koʻchib kelib qolgan. Asli tagi oʻsha oʻzimizzi tomondan, ha. Choʻlpon otadanmi, qaerdan edi, Xudoyberdi?
— Yoʻq, aka pochcha, Qang‘li degan joydan. Yaqin-yaqingacha ham u kishidan qolgan Olmazor bog‘ dala shiyponi qilib qoʻyilib edi. Jannatning bir boʻla-gi edi, bamisoli. Agar manavi yer qimirlashdan ke-yin buzilib ketmagan boʻlsa... — dedi beshikchi shirin xotiraga berilib. — Voy, uning g‘ir-g‘ir shabada- lari...
— Shunaqa, oʻg‘lim, sen bizni kim deb oʻtiribsan. Qaroqchilarga mengzamay qoʻyaqol. Ularga roʻparayam boʻlma, ishing ham tushmasin. Undan koʻra, qorinni mixla. Qazidan ol. Och qorindan puch oʻylar chiqaveradi, ol.
— Boʻmasa, kimsila? — deb toʻng‘illadi bola choyni joyiga qoʻyib. U og‘zidagini kavshangisi ham kelmay qolgan edi.

Ikki hamroh bu gapdan baravariga xaholab kulib yubordilar. Tarashadek ozg‘in, ammo boʻydan Xudo bergan beshikchi uning gapidan ta’sirlanib, tizzasiga shapatilardi:
— Avvalboshda nima dedim? Buvang sog‘inibdilar. Senam sog‘indingmi, dedimmi?
— Dediz...
— Borasanmi, dedimmi?
— Dediz...
— Yana nima deysan? Qayoqqa opketyapgan ekanmiz?— dedi kulib.
— Bekordan-bekorgami?.. — Bola oʻqrayib qarab qoʻydi.
— U nima deganing? Sen bizni xafa qilyapsan. — U keragi boʻlmasa-da, oldidagi qumg‘onni nari surdi.— Shunaqa gaplaring borakan, joʻnamasimizdan ayt-maysanmi? Obborib tashlardik uyingga!
— Ja-de... — Bola yo yomon tush koʻrib turgan, yo chapaqay jahli chiqqan edi, hech ochila qolmasdi.
— Ha, xoʻp. Buvang quruq qoʻymas. Necha yil bedarak ketgan qizining daragini eshitib, tirnog‘ini koʻrib, eshilib ketar, bosh-oyoq sarupo-suruqlar qilar, shirinkomalar berar. Bu degani biz oʻshaning dardida oʻlib turibmiz, deganimasdir? Oʻylama, biz ta’ma deb yurgan odamlarmasmiz. Xolis yaxshilik uchun chiqqanmiz yoʻlga. Bunaqa qilaversang, hay deymizu orqaga qaytvora qolamiz. — Tik turgancha mudrayotgan ot xoʻrsingan kabi pishqirib, bosh silkidi. Laxcha choʻg‘ga aylanib boʻlgan g‘oʻlacha sinib tushib, chalasi tutay boshladi. Aka pochcha chalani ichkariroq surdi:
— Koʻnglim chopmovdi-ya, avvalboshda. Jangobda oshxoʻrligimni qili-ib yotmiymanmi... — deb qoʻydi ularning betiga qaramay.
— Yoʻq, rost, haliyam kech emas, — dedi beshikchi bolakayga. Kamiga xoʻp desa hoziroq qaytadigandek qilib qarab qoʻydi.
— Sen endi jichcha sabr et. Shu dovondan oshvolsak yetdik hisob. Bovangnikida qolishni istamasang, qaytaverasan bizminan. Shunga ham ota goʻri qozixonami?— dedi sherigi yumshab.
— Ha-da, aka pochcha bilmagan-koʻrmagan, oshmagan dovon yoʻq. Bu yoqqa ham Xudo bilsin, necha qayta kelib-ketganlar.
— Necha qaytamas, ishqilib oʻtganmiz-da, — de- di u.
— Shu-da. Shuning uchun Sizni qora tortib kelyappiz-da. Bilib qoʻysin bu ham, — dedi beshikchi taskin berib. — Bilding-a, Yodgortoy?

Yodgor deganlari beshikchiga qizarinqirab qarab qoʻydi:
— Yodgormas, Yodgormurod. Boʻlmasa, tanishmaydi, — dedi negadir koʻzlarini olib qochib.
— Iya, shunaqamidi hali?! Chiroyluvdan chiroyluv oting borakan-u, biz bilmay yuribmiz. Voy, saniyu. Aytmaysanmi shuni! Obbo, toy bola-ey. Opke piyo-langni, choyingni yangilab beray. Qaynoq-qaynoq ichsang, uyqung qochadi. Hademay, tong ham yorishadi, soʻng joʻnaymiz. Olaqol, — dedi beshikchi kaftini kaftiga ishqab, uni erkalab.
— Ha, amaking tahorat olib, namoz oʻqib boʻlishi-la joʻnaymiz. Kun koʻringuncha, sarhaddan oʻtib olishimiz kerak, — deya og‘ir qoʻzg‘olib, «aka pochcha» deganlari tura boshladi.
— Ha, xoʻp. Buvang quruq qoʻymas. Necha yil bedarak ketgan qizining daragini eshitib, tirnog‘ini koʻrib, eshilib ketar, bosh-oyoq sarupo-suruqlar qilar, shirinkomalar berar. Bu degani biz oʻshaning dardida oʻlib turibmiz, deganimasdir? Oʻylama, biz ta’ma deb yurgan odamlarmasmiz. Xolis yaxshilik uchun chiqqanmiz yoʻlga. Bunaqa qilaversang, hay deymizu orqaga qaytvora qolamiz. — Tik turgancha mudrayotgan ot xoʻrsingan kabi pishqirib, bosh silkidi. Laxcha choʻg‘ga aylanib boʻlgan g‘oʻlacha sinib tushib, chalasi tutay boshladi. Aka pochcha chalani ichkariroq surdi:
— Koʻnglim chopmovdi-ya, avvalboshda. Jangobda oshxoʻrligimni qili-ib yotmiymanmi... — deb qoʻydi ularning betiga qaramay.
— Yoʻq, rost, haliyam kech emas, — dedi beshikchi bolakayga. Kamiga xoʻp desa hoziroq qaytadigandek qilib qarab qoʻydi.
— Sen endi jichcha sabr et. Shu dovondan oshvolsak yetdik hisob. Bovangnikida qolishni istamasang, qaytaverasan bizminan. Shunga ham ota goʻri qozixonami?— dedi sherigi yumshab.
— Ha-da, aka pochcha bilmagan-koʻrmagan, oshmagan dovon yoʻq. Bu yoqqa ham Xudo bilsin, necha qayta kelib-ketganlar.
— Necha qaytamas, ishqilib oʻtganmiz-da, — de- di u.
— Shu-da. Shuning uchun Sizni qora tortib kelyappiz-da. Bilib qoʻysin bu ham, — dedi beshikchi taskin berib. — Bilding-a, Yodgortoy?

Yodgor deganlari beshikchiga qizarinqirab qarab qoʻydi:
— Yodgormas, Yodgormurod. Boʻlmasa, tanishmaydi, — dedi negadir koʻzlarini olib qochib.
— Iya, shunaqamidi hali?! Chiroyluvdan chiroyluv oting borakan-u, biz bilmay yuribmiz. Voy, saniyu. Aytmaysanmi shuni! Obbo, toy bola-ey. Opke piyo-langni, choyingni yangilab beray. Qaynoq-qaynoq ichsang, uyqung qochadi. Hademay, tong ham yorishadi, soʻng joʻnaymiz. Olaqol, — dedi beshikchi kaftini kaftiga ishqab, uni erkalab.
— Ha, amaking tahorat olib, namoz oʻqib boʻlishi-la joʻnaymiz. Kun koʻringuncha, sarhaddan oʻtib olishimiz kerak, — deya og‘ir qoʻzg‘olib, «aka pochcha» deganlari tura boshladi.

U shunaqa davangirday edimi yoki yelkasidagi be-soʻnaqay poʻstin shunaqa koʻrsatyaptimidi, ishqilib soya-siga qoʻshilib, u juda haybatluv koʻrinar edi.

Gulxan esa bir tog‘ora laxcha choʻg‘ga aylanib alangalanar, alanga berolmaganlari bir chetdan boshiga kul tortib, pinakka ketmoqda edilar. Tun oʻz ishini qilgan, gulxan atrofidagilarni qora chodiriga oʻrab boʻl-gan, oʻsha chodir tobora kichkina tortib, endi unga uch kishining oʻzi ham sig‘may qola boshlagan edi.

Haqqu ham, otlar ham mizg‘ir edilar, chamasi. Tiq etgan tovush eshitilmasdi, faqat goh-goh anuv oʻpirilgan joydan kirgan izg‘irin yel shu chodirdagilarga urilib, yana qochib qolar edi.

Xudoning Suygan Bandasi (yoxud hikoyachimizga noma’lum bir kalavaning uchi)

— Hov, tasqara, hov sariq moshak! Kimni gel qilmoqchisan? Kimni sariq ilondek avrayapsan?.. — U sekin turib belidagi qayish kamarini bilagiga oʻray boshlab edi, elanib turgan devday odam... tuyqus oʻzini yerga otib, oyoqlari ostiga gunohkor sherday emaklab kela boshlasa, Zokir demaganlarning jon-poni chiqib ketdi. Jon holatda tisarilib, ustoliga qisilib opti.

U esa:
— Jon bolam, sadag‘ang ketay bolam, urma paqat, tepma paqat, hammasini oʻzim aytub berum... — deb oʻtinar, titrar edi.

Vo darig‘, titrayapgan kim-u, oʻtakasi yorilgan kim?!
— Tur-e, isqirt! Ayaganga rahmating shumi?! — Zokirning peshonasidan muzdek ter chiqib, tirnoqlariga dovur jimirlab ketgan edi.

Xayriyat, «dev» chekildi.

Oʻlgan arslonning oʻligidan ham qoʻrq, deb shuni aytarkanlar-da?..

Ular bugun shubhalanib tutib kelishgan odam — devday tilanchi chekilishga chekildi-yu, hech kutilmaganda oʻsha zax yerga oʻtirvolib, tizzalarini quchoqlab, bir g‘alati guvranib, hoʻng-hoʻng yig‘lamoqqa tushib berdi-ku.

Ajab odam ekan, bu Davongir devona deganlari. Nima balo, chini bilan begunohmi yo yolg‘ondakam yig‘i bilan bularning koʻzini bog‘layaptimi? Mumkin. Bu bozor odamlaridan, tilanchilardan har baloni kutsa boʻladi.

U «dev» shu holiga qaysi askar yoki asirdan qolgan roʻdapo shinelining yengini yuz-koʻzlariga bosgancha ulkan jigarrang beshiktervatdek chayqalib:
— Shul shoʻrishlar-da, var ekanmu, ey quday? — deya bosh toʻlg‘ab-toʻlg‘ab, mishig‘-tupugiga belanib borar edi.

«Nima balo, adashibdilarmi? Bu emaskanmi?»

Zokir kamarini ustol ustiga namoyishkorona itqitib, tilanchiga kishi bilmas zingil tashladi. Uning nazarida devonaning qulog‘i ding, koʻzi toʻrt, buning alaxsishini kutayotgandek, kutib turib tashlanib qoladigandek (!) edi.

Tashlansa ham unaqa-bunaqa odamning kekirdagini uzib olsa ehtimol?.. Och devning oʻzi-ku! Bu vahima qaydan ilashdi, Zokirning kallasidan hech nari ketmasdi. Sherigi ham qaytsa qayta qolmadi. Harna qora edi.
— Turing, zaxda nima bor, «eshak»ka oʻtib oʻtiring,— deb buyurib, murosaga koʻchganini bildirdi-da. oʻzi ham joyiga choʻka qoldi.

Zora yaxshi gapga ilon inidan chiqsa. Shunaqa ilinj ham yoʻq emasdi unda.

Devona unga qarab ham qoʻymay, qoʻliga tiralib turishga unnaldi. Suyaklari shiqirlab (oʻziyam bir qop suyak ekan-ey!) bir amallab turdi-da, ketini qoqib, indamay borib, devor tagidagi taxtaga oʻtirdi.

Boya ikki kishilashib urib, yertoʻlaga tiqqanlarida uzilib-uchib bitganmi, qoʻsqi shinelining bittayam tugmasi qolmagan, surmarang yolg‘iz belbog‘i demasa, koʻksi valongor, oʻzi bir alpozda edi.
— Xoʻsh, rostiga koʻchamizmi yo yana kelgan joyidan davom ettiramizmi? — dedi Zokir qayish kamarni nari surib. Oʻzi urgisi yoʻg‘-u, qozoqi doʻq ish beradimi, deb oʻylar edi.
— Huh-h, — dedi devona ichidan dudi chiqib: u chiqayotgan dud odam zotiniki emasdi, tavba.
— Xoʻsh, aytasizmi? — dedi Zokir koʻksini us-tolga berib. U Xudoning yaratilgancha qolgan bu bandasiga achina boshlagan, achinayotganiga oʻzi ham hayron edi:

«Nimadan qoʻrqdi? Devonaning qarg‘ishiga uchrab qolishdanmi? Balki».

Devona oʻsha-oʻsha, biron nojoʻya soʻz aytib qoʻyib, g‘azabiga uchrab qolishdan qoʻrqqandek, aftiga bezillab tikilar edi.
— Nenu istab, nenu qistayursiz — vilmasam, — dedi axiyri tiliga soʻz bitib, — oʻlumdan xavarim var, oʻg‘irluva — vilmasam, gunohlarimuz yetarlu...

Zokir qaddini biroz koʻtarib, oyoqlarini chalishtirdi. Bu bilan u devonani yana ham xotirjam etish niyatida edi.

Oʻzi ham hech kutmaganda soʻroqni xotirjam boshlagisi keldi.
— Biz Sizni bugun koʻrayotganimiz yoʻq. Esimizni tanibmizki, shu Kallaxonadasiz, toʻg‘rimi?

Devona uning samimiyligiga ishonib-ishonmay qaradi.
— Tuvri, — dedi koʻzini olib qochib.
— Tilingizdan Ollohning nomi tushmaydi yo tushganmi hech?
— Yuv-yuv, — dedi battar hayratlanib devona.
— Ollohni oʻrtaga qoʻyib, kun koʻrib yurgan odamsiz.
— Shu-shu, — deya oldi u.
— Endi menga rostizzi ayting. Ollohdan umidingiz bormi? — dedi Zokir boshdagi shapkasini bir chetga olib qoʻyib. — Moʻminga oʻxshab gaplashaylik bir...
— Var, balam, var, — dedi devona oʻng‘aysiz g‘imirsib.
— Namoz ham oʻqirsiz?
— Oʻquvmiz, balam, oʻquvmiz. Oʻqumay boʻlami, — dedi u oq-qoʻng‘ir qoshlari tagidan qarab qoʻyib, — avval soʻraladug‘anu shu-yu.
— Demak, musulmonsiz, musulmonlikka da’vo qilasiz?
— Alhamdulillah-chu.
— Ollohdan ham qoʻrqasiz, shundaymi?

Devona gap nimaga kelib taqalayotganini anglab qolib, qoqsuyak tizzalariga tikilib qoldi.
— Nega indamaysiz? Qoʻrqmaysizmi yo? — Zokir uning jon joyidan ushlagandek, ustolga koʻkragini berdi. — Gapiring.
— Qoʻrqmaydurgan jan... varmu? Gʻimirlagan jan quday deydu, — dedi u tamoman ruhi tushib.

Zokir qaddini koʻtardi:
— Qimirlagan jon Olloh desa, nechuk siz bu ishlarga aralashib yuribsiz? Oxiratiz kuyib keta- di-ku.

Devona roʻbaroʻsidagi odamga angrayib tikildi, shu boya oʻzini bozordan tutib, surgab-netib kelgan, urib-surib yertoʻlaga tiqqanlardan bitasimi? U qizarib-netib ketgan shilpiq koʻzlarini yumib-ochdi. Yoʻq, oʻsha edi, oʻshalardan bittasi edi. Qayish kamari ham ustol ustida yotardi.

Qara-ya, qayish kamarni koʻrgan zahoti oʻng yelkasi, boyagi toʻqa izlari achisha boshladi. Shumi, boshqasimi, ishqilib urganlari aniq. Urmasalar bunaqa achishmas edi. Tavba, oʻsha odam endi tamomi sipo tortib, Ollohni, oxiratni yodiga solyaptimi? Ammo jon joyidan ushladi. Kim Yaratganning g‘azabidan qoʻrqmas ekan?! Tongla mahsharda farishtalari uning amri-la peshona sochidan changallab, jahannamga sudrab ketishlaridan qoʻrqmay boʻlarkanmi? Hali oʻzi bilib-bilmay gunoh ishlarga aralashib qolibdimi? Koʻzi qayoqda ekan?
— Xoʻsh, gunohizga iqrormisiz? — dedi tergovchi uning xayolidan kechib boraturgan narsalarni uqib olgandek. Nima balo, bularni shunaqa oʻqishlarga oʻqitadi ekanmi?
— Endi-i, nimu tuvri, shu tuvri, — dedi boʻshashib, — ittimas qilishub edu.
— Ha-a, ana bu boshqa gap, — dedi tergovchi jonlanib. U kaftlarini ishqab oʻrnidan turib olgisi keldi-yu, yana oʻzini bosdi. Bayram qilishga hali erta edi. — Kim ekan oʻsha iltimoschilar? Oʻshalardan keling, — dedi devonani choʻchitib yuborishdan ancha ti-yilib. — Sizni xizmatiz nimadan iborat edi?

Davongir devona milisa zotidan bunday yumshoq muomalani kutmagan edi, javobga ikkilanib qoldi: hali siz-sizlab turib, hamma gapni sug‘urib olgach, qilig‘ini koʻrsatmasa edi! Ishini sudga chiqarib yuborib? Ishonib boʻladimi bularga!
— Xoʻsh, nimani oʻylanib qodingiz? Bizga oʻsha ish buyurganlar kerak. Sizga oʻxshab aldanganlar emas, — dedi yotig‘i bilan.
— Ildangan? — dedi devona hayron qolib.
— Ha-da. Sizni chohga yuborishayotganini bilmagansiz-ku, toʻg‘rimi?
— Nima, men bikar varibmanmu? — dedi devona.
— Tushunmadim.

Javobdan javobga boshi tushib, tergovchining betiga qaray olmayotgan devona koʻz qirini tashlab qoʻy-di:
— Nesiga chuchunmaysuz?! Narsa va’da qilishtu, vardim. Menu oʻrnumda kim varmasdu!

Zokirning yuragi hapriqib, oʻsha narsani bilishga oʻpkasi tushayozdi. Ammo endi shu devonaning koʻz oʻngida tuban ketib boʻlmasdi. Oʻpkasini bosdi:
— Ma’lum gap. Avval bir narsa tikishadi, keyin odam yollashadi. Shunda Siz uchragansiz, toʻg‘rimi?
— Yuv, oʻzlaru ittimas qilishtu. Shu-shu jaydan balanu irgashtirup versanguz, dep.
— Shoshmang-shoshmang, aniqroq qilib ayting. — Zokir oʻrnidan turib, yaqin borib olganini bilmay qoldi-yu, devonani hurkitib yuborishdan choʻchib, yana joyiga qaytdi.

Devona xitlanib boʻlgan, lekin ochib qoʻygan gapini aytmay iloji ham yoʻq edi:
— Vuzr, nafs hakalak atup koʻnippan-qoʻyippan.
— Ot bilan tuya emasdir, axir? — dedi Zokir unga boʻlishib.
— Qayda?
— Xoʻsh?!
— Bir havuch kelar-da.
— Nima? Tillami? — dedi Zokir quloqlariga ishonmay.
— He, yuv, marvarid edu. Shadasi vilan.
— Qiziq, — dedi tergovchi esi og‘a boshlab, kallasidan esa devona ham anoyi emaskan-ku, degan xayol kechmoqda edi.— Xoʻsh, va’daning ustidan chiqishdimi?
— Chiqishtu, — dedi devona endi devorga xotirjam suyanib.
— Demak, Siz bolani avrab olib kelib bergansiz, ular...
— Avrap imas, irgashtirup, — deb toʻg‘riladi u.
— Yaxshi, qaergacha ergashtirib keldingiz?
— Shu, Juvaning vazarugacha.
— Kelishuv shunday edimi?
— Shunday edu.
— Keyin-chi, nima boʻldi?
— Nimu voʻlardu, bittasi manavu hamyanumga bir nimu tashlap kettu. Ushlap koʻrsam bir kaft voʻlup shig‘irloptu.
— Bola-chi?
— Qaytub qaraganumda sepkiltay yuv edu.
— Sepkiltoymu. Yodgortoymu? — dedi Zokirning yuragi gurs-gurs ura ketib.

Devona yelka qisib qaradi:
— Siz oʻzi kimni izlayursiz? Men sepkilli balanu bilayurman.
— Qoʻrqmang, — dedi oʻrnidan turib yuringancha Zokir, — biz ham oʻshani surishtirmoqdamiz. Faqat, yaxshi eslab ayting-chi, otini nima deb atab edilar?
— Nimu dep? Ayttingiz-ku, oʻzingiz... — dedi devona g‘ashi kelib.

Zokir negadir iltifotsiz qoʻl silkidi:
— Hay, mayli, oʻshanday ham boʻlaqolsin. Le- kin bolani olib ketganlarni aytarsiz? Koʻribsiz-ku, axir?
— Qanday? — Boyagidek yelka qisib, xum boshini ichiga tortdi devona. — Aytup turuppan-ku, qaytup qaraganumda u yuv edu.

Zokir toʻxtab, uni taniy olmay tikildi:
— Boshqasi-chi? Choʻntakkinangizga narsa tashlab ketgani-chi? Uniyam tanimassiz? — dedi kesatib.
— Tanumayman. Mendanam naynov, tarasha bir adam edu. Oʻlay agar qaytup koʻrgan voʻlsam.

Zokirning ensasi qotib, bir narsa duv toshgan kabi gardani qichishdi. Oʻzi asabiylashib:
— Marvarid yoqibdi-yu, oʻzi esizdan chiqibdi-da?— dedi. — Va’dalashgan odam-chi? Uniyam yoʻqoldiga chiqararsiz?
— Oʻluppan-da, — dedi devona azza-bazza hafa boʻlib.
— Oʻshandan keling, boʻlmasa, — deb Zokir qistalang qila boshlab edi, devona boyagidek toʻrsayib oldi:
— Anoyuni topubsiz ja.
— Ha, nima boʻldi? Toʻningizni teskari kiyayapsiz?
— Javobu-chi? Shariat-chi?..
— Shariatni nima daxli bor bunga? — hayron qoldi tergovchi.
— Bizga kelganda nimu dahli varmu?
— Tushunmadim.
— Nimusini chuchunmaysuz? Pusulmonmusiz, axir?— Devona irshaydi.
— Alhamdulilloh, — dedi tergovchi oʻng‘aysizlanib, ham muddaosiga tushunib-tushunmay. — Nima edi?

Devona oʻzinikidan qolmasdi:
— Qudaydanam qoʻrquvsiz, bizga oʻxshap?..
— Albatta. Kim qoʻrqmaskan? — dedi tilidan tutila-tutila.

Devona ikkala tizzasiga shappalab irshaydi:
— Unda biz quludan nimunu talap etuvsiz? Sotup qiyamatga qoluvnimu?

Zokirning boshidan olov chiqib ketdi. Peshonasini mayda ter bosdi. Devona uni yomon tushirgan edi.
— Aytolmasayiz... aytmang, men qistamadum, — dedi g‘udranib. Davangir devona balo ekan, uni oʻzining usuli bilan shariat arqog‘iga tortayotgan edi.
— Sizam biz quluni kechurup qoʻyuvsiz. Sotolmaymuz va’dasida turgan birodarimuzni. — Davangir devona xumdek boshini sarak-sarak qilib, xohlasangiz shu, degandek yelka uchirdi. — Oʻrtada soʻz var, shirinkama var. Qudaynu nominu tilga olganmuz.

Zokirning tiliga kalima kelmay qolgan edi, ortiga qaytayotib:
— Halolidan boʻlsin, nima deymiz, — dedi boʻshashib, soʻng joyiga oʻtirib, qoʻshib qoʻydi. — Bizga qi-yin qipsiz-da.

Devona lab burdi:
— Nimu qiyun?
— Bolaning izini topganimizda... oʻrtada qasam bor deb... ishni buzib oʻtiribsiz-ku.

Devona nogoh sakrab turdi va oʻzidan bir nimani daf etayotganday qoʻllarini silkiy ketdi:
— Yuv-yuv, ovora boʻluvsiz, qistamangam, soʻramangam qaytup. Oʻsha gap-gap.
— Yaxshi, — dedi tergovchi xotirjam etishga urinib, — oʻsha gap boʻlsa, oʻsha gap. Kelishdik-ku, axir. Faqat...

Devona taxta-eshakka qaytib choʻkayotib, engashgan koʻyi termuldi:
— Nimu paqat?
— Oʻtiring, oʻtiring, shunchaki bir gap, — dedi tergovchi bir shumlikni oʻylamayotganini bildirmoqchi boʻlib. — Bilgim keldi-da.

Devona omonat choʻqdi, lekin xavotiri tarqamagan edi, soʻradi:
— Nenu, deysuz?
— Shu... marvaridni-da. Siz nima qilasiz deyman-da. Uy-joyingiz, bola-chaqangiz boʻlmasa, — dedi Zokir uzoqdan aylantirib.

Devona yer ostidan qarab, ishshaydi:
— Bizam shunday oʻtmasmiz, balam.
— Yo koʻz ostiga olib qoʻyganiz... bormi? — dedi u hazilga yoʻyib.
— Boʻlsa-chu...

Zokir qarab turib hayron qoldi. Davangirday odam... uylantiradirgan oʻspirindek qizarib borardi.
— Demak, bironta bevani... topib qoʻyibsiz. Oʻshanga atadingizmi?

Devona chetga qarab irshaydi. Soʻng oʻgirilib:
— Atash nesu, asrab deng, — dedi.
— Tushunmadim, asrab nima qilasiz?
— Nikoh kunu-chi? Mahruga nimu verumiz?
— E, ha-a, — deb yubordi tergovchi. — Niyatiz zoʻr-ku.
— He-he, — dedi devona uni mazax etib. — Nimu deb oʻylovdiz biznu.

Zokirning tegajog‘ligi tutdi:
— Toʻyga aytasizmi? Kuyov oshidan bexabar qolmaylik.

Devona yelka uchirdi:
— Melisa udayiga varsa voʻluvmu?
— Formada bormaymiz-da, aka.
— Odam qatori voʻlsa, aytmay nimu — aytamuz, aytamuz.
— Rahmat-e, iltifotingiz uchun. Faqat, — deb ensini qashladi u.
— Yana paqatiga bala varmu? — qutuldim deganda devona yana sapchib tushdi.

Zokirning qitmirligi tutib kelmoqda edi, atay yelka qisib, hayron qotdi-da:
— Ha, marvaridiz deloga tushib boʻldi-ku uni qanday qilamiz? — dedi.

Devona garangsidi:
— Qanday tushadu, u mening qoʻynumda-ku, — deb azza-bazza shinelini ochib, belini paypasladi.
— Turibdi ekanmi? — dedi tergovchi sir bermay.
— Turganda-chu. Oʻg‘ri ballar oʻn kun izlaganda kesolmaydu.
— Kesolmagani yaxshi. Lekin... delo ochsak, oʻz qoʻliz bilan garovga tashlab ketasiz-da.
— Qanday? Men-a? — Devona aqli butun ekan, sog‘ odamdek, koʻksiga nuqib soʻramoqda edi. — Avara voʻluvsiz.

U ham boʻsh kelmadi:
— Unda... egasini aytasiz-da. Yo marvaridni deng, yo egasini.

Devona boyagidek tizzasiga shappaladi:
— Hich-da. Marvaridnu urub-urub, tartub oluvsiz, maylu. Igasiga avara voʻluvsiz. Uni aytadugan jinni yuv. Vassalam...

Zokir, e, balli, deyishini ham, hoy, Badir, opchiq buni, deb baqirishini ham bilmasdi.

Oʻsha Biravning Mahfuzasi —Tangritog‘lik Kelin

Achchi qirlariga bosh qoʻygan kun ham axiyri Kattabog‘ ila vidolashib, botib ketdi. Ufqlar oʻsma tortib, shom tusha boshladi. Faqat qip-yalang‘och bog‘lardagi yolg‘iz shaftolilargina shom ivir-jiviriga ham boʻy bermay yashnab turardilar. Xuddi kun boʻyi emgan nurlari chamanday nafarmon gullariga koʻchgandek, qayta akslanib yotgandek. Bu ham kam. Mening nazarimda boshiga shaftoli gulli uzu-un simroʻmol tashlagan kelinchaklar har yoqdan — goh u, goh bu tashlandiq (kimsasiz) bog‘lardan biz qaynijonlarini sog‘inib chiqib kelayotgandek, chiqib kelaturib kelinsalomga hozirlanib toʻxtagandek, qay birlari egilib ham ulgurgandek.. tuyulaveradi. Shunaqa ajib pallada, ajib hislarga toʻlib bormoqdaman. Bugina emas: chor tarafimni toʻldirgan «temir yalmog‘iz»larni ham unutganimcha yoʻq. Ular joy-joylarida tosh qotganlar. Goʻyo qiyomat-qoim oldidan paydo boʻlguvchi Dubbatul-arz1lar misoli bir xunuk qorayib koʻrinadilar.

Ollohga shukr. Shunisiga-da, shukr. Ulgurmasam nima qilardim? Uyimizni ostin-ustun qilib, surib tashlasalar qayga borardim? Bu bitiklarni qay tuproq ostidan izlar edim? Chindan-da Olloh asrabdi! Bu «temir yalmog‘izlar»ni toʻxtatib, diyorimizning umrini bir kungina surib-uzaytirib qoʻyibdi! Goʻyo biz yetib kelib, omonatni topib ketguncha bu sur-surlarni, Kattabog‘ ustiga tushgan qiyomatni toʻxtatib turgandek... Ertaga ertalabdan esa kun mag‘ribdan qaytib chiqib, bu Dubbatul-arzlarga jon bitadigandek va bu diyorning bog‘u soylari, tepayu qirlari ostin-ustin qila ketilib... Ollohning «biz istasak, oʻrningizga tamomila boʻlak qavmni keltirib qoʻyurmiz» oyati karimasi roʻyobga chiqajakdek...

Hozircha... yelkamda Yodgormurod (u qoʻlchasi ila peshonamdan mahkam quchib olgan), allaqancha tepayu chimzorlari surib, buloqlari koʻmib yuborilgan Izzadan oʻtib, «temir yalmog‘iz»lar hali yetib ulgurmagan oʻsha qadim Olmazor yoqalab, Qang‘liga chiqib bormoqdamiz. Bu yoqda dumi Izzaga qadar choʻzilib-tushib borgan ajdartepalar — Foziltepayu uning katta-kichik dum-tepachalari koʻrinadi. Ular hali omon, tig‘ tegmagan, shom qorong‘usida yanayam mahobatli, afsonaviy koʻrinmoqdalar.

Qoʻynimda esa, u omonat bitiklar, ari inida qancha quruqshab yotgan qog‘ozlar — kennoyimning mahfuz xatlari mayin-mayin shildirab (xazonga oʻxshaydi goʻyo) xayolimni oʻg‘irlaydi. Beixtiyor oyimlar bilan yetaklashib, Eski Joʻvaga — xolamgilarning shahar hovlilariga tushib borganimiz, u yerda birinchi daf’a shu xat egasi — Tangritog‘ tomonlardan kelgan kelinchakni koʻrganim yodimga tushaveradi. Yelkamda Yodgormurod-u, men oʻsha safarimizni eslab bormoqdaman.

Oʻshanda dalayu bog‘larni zag‘chalar bosib, izg‘irinli kunlar boshlangan, koʻchadigan koʻchib, qoladigan qolib boʻlgan kezlar edi. Men shundan shu yoqqa — ovloqdan ovloq Kattabog‘imizdan shaharning Darxon degan mavzesiga qatnab oʻqirdim. Birinchi darsga yetib borish uchun saharlab, hali soʻfi azon aytmay turib yoʻlga tushar, bozorchilardan ham avval Choʻlponota guzariga chiqib, eng oldingi avtobusda Beshog‘ochga yetib olar, undan tramvayga osilib, Darxonga ketar edim.

Shunaqqib oʻqib yurgan kezlarim, bir dam olish kuni oyim:
— Otlan, Maqsudxoʻja, shaharga — xolanglarnikiga tushib chiqamiz, — deb qoldilar.

Shahar desa, jonim kiradi. Kichkinaligimda oyim bir marta Qoratoshga optushganlar. Shu-shu shahar desalar uchib-qoʻnib turaman. Oyim bekorga optushmaydilar. Oʻshanda Qoratoshdagi qarindoshlarnikiga olib borgan, Hojiakbar aka deganlarnikida yangi yil kutib oʻtirib, undan Gʻozixon amakinikiga chiqqan, ke-yin pastki Qoratoshdagi Huri ammanikiga tushgan edik.

Oʻshanda oyim: «Biz kim ekanmiz?! Hammamiz bir urug‘miz: Ulug‘xoʻjaboy avlodlari... Zamon mana bunaqa boʻlib, uzoqlashib ketdik-da. Boʻlmasa, bu ham oʻz uyimiz: Ulug‘ bobongdan qolgan uylar...», degan edilar. (Qarang-a, oyim ota-buvalarimiz oʻtgan yerni koʻrsatib qoʻymoqchi ekanlar-ku! Men anqov qaerga kelib qoldik, deb yuribman.)

Bu gal-chi, bu gal? Nimani ilindilar ekan?..

Yoʻlga chiqqanimizda rosa tuman edi. Goʻyo olamning yetti qavatini tuman qoplab, tomlaru daraxtlarning uchlariga qadar koʻrinmay ketgan, uch qadam narini ilg‘ab boʻlmasdi. Buncha tuman qayoqdan qayoqqa koʻchib boryapti, qaerga ketib yoʻqoladi, anglab boʻlmas, odamni vahm bosar edi. Yoʻlovchilar ham daf’atan tuman ichidan chiqib qolishsa, birdan choʻchib tushar edik.

Yoʻq, Tepamasjiddan oʻtmasimizdan shuncha tuman birdan koʻtarilib tarqadi-ketdi, qayoqqa singib, qayoqqa yoʻqoldi, bilmayin ham qoldik. Soʻng kun bir kulganday boʻldiyu yana tund bulutlar ostiga kirib yoʻqoldi. Shaharga borgunimizcha ham biron marta moʻralab qoʻymadi. Bu ham kamday izg‘irin turib, kun botganiyam, qosh qorayganiyam bilinmay qoldi.

Eski shaharda nima koʻp — uzundan-uzun jin koʻchalaru boshi berk — tuvak koʻchalar koʻp ekan. Biz shunday koʻchalardan biriga burilib ham edik, ichkaridan xayr-xoʻshlashib chiqayotgan yasan-tusanli ikki ayolga duch keldik. (Ular mehmondan ham burun «sovchi xo-tin»larga koʻproq oʻxshab ketishardi.) Harqalay, ulardan biri — suvsar yoqali palto kiygani tamannolanib kela turib, oyimning paranjilariga ijirg‘angannamo qarab edi... jonim xalqumimga tiqilib keldi. Ammo shu payt haligi kuzatib chiqqanlar orasidan birov:
— Voy, Salomxon, oʻzingmisan? — deya bizni tanib, quchoq ochib kela boshladi-yu men yumshadim. — Voy, qayoqdan kun chiqdi desam, boyagi koʻringan sizlarning oftobingiz edimi?

Qarasam, Oyposhsha xolam, oʻsha mayin-muloyim, jilmaysalaroq yuzlari oftobday yorishib ketadigan xolam...

Oyim ham qoʻllarini azot koʻtarib, boshlaridan paranjilarini oldilaru bilaklariga sola, tezlab borib, quchoqlasha ketdilar. Ular bir-birlarining kuraklarini silab-siypashib, bag‘irlariga singib ketgudek boʻlishib, hali u — hali bu yelkalariga bosh qoʻyib, boʻylarini iskashib «omon-eson»lashisharkan, koʻrsatganiga shukronalar aytishar edi.
— Voy, Salomxon-ey, nechuk? Uylaringni tashlabam kelavurdingmi, a? Voy, qara, kelganing qanday yarashib turipti.
— Bu yog‘i uzun qish kechalari, bir gaplashib yotib ketay dedim, opa, sog‘indim sizlarni... — dedilar oyim.

Xolam meni suyib, bag‘rilariga tortgancha, shirin alqay ketdilar:
— Voy, mani kichkina Mahmudxoʻjam! Bizlarni yoʻqlab keladigan boʻp qoptiyu... Ilo-oy, yetimlarni oʻzing qoʻllagin!

Soʻrashib-istashib, chor tarafi tuproq tomli uylar bilan oʻralgan hovliga kirib bordik. Hovli uzun ketgan, bu boshida bir tup tutu narigi boshida bir tup nok qorayib koʻrinar edi. Chor tarafda bir-biriga tutashib ketgan uylar, derazasini sanabam adashib ketish mumkin edi. Ayniqsa, ayvonning qizg‘ish ustunu toʻsinlari, toqilari vaqt oʻtishi bilan qoramtir tusga kirib ketgan edilar. Tepadagi tokchali uyga kirishimiz-la kovshandozning yonidanoq tancha ochilgan, tepada dor koʻrinar, dorda shoda-shoda behiyu noklar osig‘liq edi. Kelganimizni eshitib, qaysi bir hujradan pochcha chiqib keldilar.
— Ey Salomxon, qaysi shamolar uchirdi? Zab kebsizlar-da, zab kebsizlar. Mahmudxoʻjaning chirog‘ini xoʻp obkebsiz-da, xoʻb obkebsiz, — deb yelkamga qoqib, suyib koʻrishdilar. Nusrat pochcha hiyla qarib, hassaga oʻtib qoptilar. Lekin shirinsuxanliklari — oʻsha-oʻsha, halimliklari, yuzlaridan nur yog‘ilishi oʻsha-oʻsha. U kishi jigarrang tusdagi silliq asolarini kovshandoz chetiga qoʻyib, oʻzlari tanchaning toʻriga oʻtdilar.
— Qani, Salomxon, siz bu yoqqa chiqing. Maqsudxoʻjam mening yonimga keladi, — dedilar u kishi.

Biz mehmonga solinib, hali yig‘ishtirilmagan koʻrpachalarga oʻtirib ulgurmasimizdan eshik ochilib, qoʻlida oq dasturxon koʻtarib, yo asta’firulloh (biz allavaqtdan beri yoʻqotib qoʻygan!) Marg‘uba kennoyim kirib kela boshladi. Men turib ketay depman. Ammo u menga e’tibor ham qilmay, oyimlar bilan koʻrishgani yelka tutib bora boshladi. Oyim ham dabdurustdan shoshib qoldilar:
— Iya, Marg‘ubaxon?!. Voy, opog‘oyiz oʻrgilsin. Esonmisiz-omonmisiz? — Oyim oʻtirgan yerlaridan koʻtarilishga unnalib, qoʻllarini choʻzdilar. — Hali Siz.. shu yoqlardamidiz?..

Kennoyim g‘alati xijolat ichida... duv qizardi-yu, yerga boqib, bosh egdi.

Xolam yuzlari yorishib, koʻzlari qisilib, kulindilar:
— Hoy, Salomxon, manam edim saningdek, sanam boʻlding maningdek: qaribmiz-qaribmiz...
— Yoʻg‘-e, opa, nega unday deysiz? — dedilar oyim alanglab.
— Ha, tanimading-ku, keliningni, — dedilar xolam oʻsha-oʻsha kulib.
— Nega tanimay? Marg‘ubaxon kim ekan — oʻsha oʻzimizning oy desa oy, kun desa kun degudek kelinimiz-da! — dedilar oyim dasturxon yoza boshlagan kennoyimga qarab.

Oyimning bu gaplaridan hammalari kulishdi. Nusrat pochcha soqollarini tutamlab-silab, ta’sirlanib bosh toʻlg‘adilar:
— Shunaqa-de, shunaqa! Shundan keyin ham Xu-doyimning qudratiga tahsin aytmaymizmi?!

Xolam sirni tushuntirishga chog‘landilar:
— Toʻg‘ri, Salomxon, buyam oʻzimizning kelin. Lekin bunisi boshqa,
— Boshqa?! — Oyim ham, men ham gangib qoldik.— Qanaqasiga boshqa boʻlsin?! Oʻsha-ku?.. — Bir dasturxon tuzayotgan kennoyimga qaraymiz, bir atrofdagilarga alanglaymiz. Ammo hech narsa anglay olmayotirmiz.

Oʻshal kennoyim esa oʻng‘aysizlanib, yuzlari loladek qizarib boryapti: qizargan sayin qizil guldek koʻhlik tortyapti. Balki oʻsha nikoh kechasi yoʻqolib qolganidan uyalib... bir narsa deya olmayotgandir?

U ana shu xijolatdan qutulish uchun choynak koʻtarib chiqa boshlarkan, kovshandozga tushgan joyida... yuragimni oʻynatib, menga bir qarab qoʻydi-yu, bat-tar qimtinib, burilib chiqa boshladi. Yo tavba, bosh-qa paytda «voy, eshon bola, bormisiz»lab, ustimda oʻlib-qutuladigan odam... endi meni tanimayotgani g‘alati edi.

Xolam uni uzoqlatib, javobga og‘iz juftladilar:
— Bu kelinimizning oti — Mahfuza. Tanib olgin, Salomxon. Adashma.
— Qanaqasiga... Maxfuza boʻlsin? — dedilar oyim.
— Ollohning qudrati ilohiyasiga sallamno, Salomxon, sallamno! — dedilar Nusrat pochcha bosh tebratib, tahsin aytib. — Ey-y, biz gumrohlar, nimaniyam bilamiz — nimaniyam? Sultonmurod qayoqqa gum boʻb ketdi, deb yuribmiz-da.
— Ha-ya, birovni xasmini opqochib ketdi deb yuribmiz, — dedilar Muhabbat kennoyim, — u yoqda Mar-g‘ubaga oʻxshagan bir boshqasini pardai ismatida asrab qoʻygan ekan-ku, Oʻzi.
— Tushunmadim, Sultonmurod qaytdimi? Buni oʻsha yoqdan ola kelibdimi? — dedilar oyim roʻmollarini tuzatib oʻrashga tushib.
— Qayoqda! U tinchimagandan haligacha darak yoʻq, — dedilar xolam buning tarixi uzun, koshki bir og‘iz soʻz bilan tushuntirib boʻlsa, degan kabi.

Men hammadan burun haligi tarixni ocha qolishsa-chi, deyman. Marg‘uba kennoyim qayoqqa yoʻqolgan ekan? Sultonmurod akam-chi? Nega oʻzi kelmabdi? Shularni bilgim keladiki, u yog‘i yoʻq...

Bu orada (aytishga ham g‘alati) yangi kennoyim (tavba, odam odamga shunchalar oʻxsharkanmi!) qoʻli koʻksida, choy koʻtarib kirdi va:
— Xush kelupsizlar, — deya shirin takallum ila (chindan tili bir yoqlilarnikiga oʻxshar edi!) oʻzi past tomondagi yalangqavat koʻrpacha ustiga tiz bukdi. Oyim oʻzlariga kelib-kelmay «Xushvaqt boʻling», deb qoʻydilar-da, uzatilgan choyni olib:
— Kelinposhsham, Sizni qaysi tomonlardan soʻriyvuza? Bizani yoʻqotib qoʻygan jiyanuvza-chi, omonmi? U yoqda ayangiz, adangiz yaxshi yurishibdimi? — deb soʻrasha ketdilar.

Yangi kennoyim lov qizarib, yer suzdi. Qizarganda yana ham koʻhlik tortib ketarkan. Ayniqsa, qulog‘i yumshog‘ining takkinasi anordayin yonardi.
— Yurishibdu-yurishibdu... Oʻshu Tangrutog‘ tomonlarda... — dedi uzun-uzun, oppoq barmoqlarini ezib-ezg‘ilab. U ich-ichidan turgan bir qaltiroqni shun- day bosarmidi yo oʻzimi — bilib boʻlmasdi. Lekin ovozi hazindan-hazin boʻlib, allaqanday toʻliqib chiqar edi.
— Sultonmurodning oʻzi billa kelavurmabdi-da,— dedilar oyim.
— Kelubla qolurlar... — u battar qisinib, qizarib ketgan edi. Oʻzini qoʻyarga joy topolmas, bu tarz savollardan qochib, turargami, chiqargami mavrid izlar edi. Alohal choylarni uzatib boʻlib, kovshandozdagi oyoq kiyimlarni sarishtalar ekan, xolamlarga ma’noli qaradi:
— Oshnung guruchinu... nima qilay, solavuraymu, opog‘oyu?..
— Mayli, bolam. Faqat sal ivitib soling. Suv koʻtaradigan ekan bu gurunchimiz. Tirik boʻp qolmasin,— dedilar pochchaga qarab qoʻyib.
— Ha, barakalla, shavladan tirikroq, oshdan yumshoqroq... Uning otini nima deydilar — «moʻysafid palov», — deb kuldilar pochcha.

Hammamiz u kishiga qoʻshilib, jovur-juvur qilishib, birpasda oʻrtadan boyagi oʻng‘aysizliklar ham koʻtarila qoldi. «Oling-oling» bilan dasturxonga qaradik. Bir yoqdan tanchaning issig‘i, bir yoqdan choy qoʻshilib, ichga issiq kira boshladiyu bir farog‘at tuyib, atrofga alangladim. Samovarning beozor jig‘illagan ashulasimi yoki tanchaning atrofida oʻtirgan qarindoshlarimizning bir shirin mulozimatlarimi, «oling, Salomxon, dasturxonga qarab oʻtiring», deb qistashlarimi, «Hoy, Sanobar, qalamtaroshingiz bor, nokni archib qoʻying», deb xolamning pochchaga ish buyurishlarimi — nimadir menga xush yoqib, erib oʻtiribman. Undanam burun Marg‘u kennoyimga oʻxshash bir shirin, bir koʻhlik yangi kennoyilik boʻlib qolganim, akam hakda ajib bir mujdalar eshitishim mumkinligi meni mast qilib bormoqda. Ichim qizib-qizib kelyapti. Nega oyim jim qoldilar? Choyni icha qolsalaru shundan soʻz ocha qolsalar: akam bu kennoyimni yuborishga yuborib, oʻzi nega kelmabdi? Hozir qaerlarda ekan? Qachon kelar ekan? Bilgim kelyaptiki, u yog‘i yoʻq...

Oyim hamon oʻsha holatlaridan, uni Iqbor otinning qizi hisoblab, g‘aflatda qolganlaridan ta’sirlanib oʻtirgan ekanlar:
— Olloh-Olloh. Iqbor otin koʻrmasin. Naq oʻshaning qizi-ya! Odam odamga shunchalik oʻxshar ekanmi, tavba? — derdilar turib-turib.
— Hoʻ-oʻy, buyam boʻlsa, Xudoyimning marhamati, Lavhul Mahfuzga bitilgan taqdiri azali, — dedilar pochcha odatdagidek bir tebranib-ta’sirlanib olib. — Qolavursa, yana qanday hikmatlari bor — nimaniyam bilardik biz? Barchasi oʻziga ma’lum, oʻziga ayon.
— Ishqilib, yetimlarni oʻzi yorlaqasin, — deb qoʻydilar xolam. — Hech bandani qiynamasin judolikka solib...
— Unda.. unda boyaqish Marg‘ugina kelinimiz qayoqda qolibdi? Sultonmurod opketmagan boʻlsa?— dedilar oyim hamon unutolmay. — Qaerlarda ekan, qizgina?
— Xudoyimning dargohi keng, daragiyam chiqib qolar bir kun, — dedilar xolam pochchaga qiyo qarab, xuddi u kishi bir narsa biladigandek.

Ammo pochcha oʻz xayollari bilan band, qoʻllarida bir donagina uzum, oʻshaning ham poʻsti ustida koʻz yoshiday yiltirab turgan tomchidan nigohlarini uzmay qolgandilar. Barmoqlari orasiga olib bir silasalaroq u tomchi, u «yosh» ado boʻladigan, lekin unda nima koʻrib turibdilar ekan, silamaydilaram, artmaydilaram. Shunaqa oʻyga tolib ketibdilar.
— Qiyin-qiyin, boyaqishginaning onasiga qiyin boʻldi, — dedilar oyim allaqanday chuqur tin olib.— Hammani oʻqib, dam solib yurgan xotin, oʻzi yotdi- qoldi...
— Kuyib ketgan ekan-de? — dedilar xolam.
— Sekin aytasizmi?!. Bir oʻg‘lining nomini atab chaqirarmish, bir qizining...
— Oʻg‘liga xabar qilishmabdimi haliyam? — dedilar pochcha seskanib, oʻzlariga kelib.
— Kim bosh qoʻshadi, deysiz, bunaqa paytda, — dedilar oyim.
— Shuni ayting, Salomxon, askardan chaqirvolish oson ekanmi? — dedilar xolam achinib. — Unda musht-dek qizchasi bilan qob ketibdi-da, musofirgina?
— Yaxshiyam oʻsha qizi, qoʻshnilar bor ekan, issiq-sovug‘iga...

Men bu gaplardan xabarim yoʻq edi, titrab ketdim. Koʻz oldimdan oʻsha qizil taram olmali hovli, oʻsha supa, oʻsha rayhonzoru Marg‘u kennoyim bilan bog‘liq voqealar kechib, allaqanday betoqatlandim! Kichkina Saidadan ham jahlim chiqdi, ham achindim. Bir og‘iz aytmabdi-ya..

Pochcha pishillab xoʻrsindilar:
— Kattalarning oldiga chiqib boradigan, oʻg‘lini chaqirtirib beradigan bir mard topilmabdimi?! — dedilar jahllari chiqib.
— Topilmabdi-da, oʻsha... — dedilar oyim ma’yus tortib.
— Esiz... — dedilar xolam achinib.

Oʻrtaga hech gap sig‘maydigan jimlik choʻkdi. Mening esa ichim achishib boryapti, qaerimdir kuyib ketyapti. Hayot shunchalar beshafqat ekanmi?
— Kim oʻylabdi, kelinimiz — uning qizginasi bedarak ketib, bu eshigimizni soʻroqlab keladi, deb.
— Hammasi Xudoyimning xohlashi, sinovi Oʻzi- ning-ku, lekin... — oyim choy ichaturib, birdan qal-qib ketdilar.
— Halloq de, Halloq de, Salomxon, — deya xolam u kishining kuraklariga qoqdilar.

Oyim oʻsha bir og‘iz soʻzni aytishlari bilan tinchiy qoldilar. Soʻng koʻzlaridan tirqirab chiqqan yoshni artib, pochchaga qaradilar:
— Yoʻq, meni boshqa narsa qalqitdi: rostdan... oʻzi soʻroqlab keldimi?
— Ha, shunday boʻldi, Ollohning qudrati bilan shunday boʻldi, — dedilar pochcha, — oʻzing ayt, Sanobar...
— Uch hafta boʻldimikan, daladan endi koʻchib tushgan edik, — dedilar xolam yoruqqa orqa oʻgirib, oyimga qarab. Kechalari hadeb doʻppi tepchiyverganlaridan xolam yoruqqa qaray olmas edilar. Shuning uchun hozir koʻzlarini yorug‘dan qochirib soʻzlar edilar. — Oxunguzarlimi, qaerli bir odam pochchangni soʻrab keldi. Endi asr namoziga takbir tushirayapgan edilar. Eshik orqasida turib aytsam, unda manam qazo qilmay oʻqib ola qolay, kennoyi, dedi. Kira qoling, tepadagi uydalar, deb chetga oʻtib turdim. Shoshib borib, qavatlariga kirib namoz oʻtadi. Soʻng salom berib turishgach, oʻzini tanitibdi.
— Ha-ha, baraka topkur, koʻp iymonli odam ekan,— deb tasdiqladilar pochcha. — Oʻsha yoqdan qoʻshvorishgancha qizim, deb chegaradan oʻtkazib kepti, aytilgan odamlarni toza izlab, soʻroqlapti. Topolmagach, daraklab biznikiga kelgan joyi ekan. Uyat boʻlsayam, keldim, ma’zur tutasiz, deydi.
— Kim qoʻshib yuboribdi? Sultonmurodmi yo buni otalari? — dedilar oyim sabrlari yetmay.
— Yoʻq, munikidagilar, — dedilar xolam, — toʻs-toʻsda shu yoqqi qochira qolishibdi. Harna qilsa, Toshkan tinch, deb.
— Qanaqa toʻs-toʻs? Urushmi? — dedilar oyim.
— Urush ham gapmi, qirg‘in, Salomxon, qirg‘in, — dedilar pochcha qoʻl toʻlg‘ab. — Ularning boshiga tushganini Xudoyim hech kimga koʻrsatmasin. — Pochcha uchli gilam doʻppilarini olib, ustarada qirdirishga kep-qolgan sochlarini silashga tushdilar-da, yana bosh toʻlg‘ab qoʻydilar. — Biz-ku, bir kunimizni koʻrib, Xudo-oblo deb oʻtiribmiz. Ammo u tomonlarda yomon boʻbdi, yomon! Avvaliga roʻshnolik berib, keyiniga qonga botirishibdi.
— Yoʻg‘-e, u yoqda ham inqilop boʻlgan ekanmi? — dedilar oyim hayratga tushib.
— Shunga yaqinroq, shunga yaqinroq, — dedilar pochcha, u yog‘iga gapni choʻzgilari kelmay yoxud bizni chalg‘itib. — Hay, Muhabbatxon, anuv mani hujramdan bir damlamgina qorachoy opchiqing. Bu choymas, turgan-bitgani xashak ekan-ku, — dedilar.

Lekin oyim ham, xolam ham chalg‘imadilar, qaytanga bir-birlariga ma’noli qarab olishdi:
— Bu yoqlardan bosh olib... oʻsha talatoʻpga ketganakanmi, Sultonmurod? — dedilar xolam achinib.
— Man boshqacharoq eshituvdim shekilli, — dedilar oyim, — moʻminlarning boshi qovushganmish, davlat tuzishganmish, deb kim ham aytib edi, Rustamxoʻjamidi, Inog‘omxoʻjamidi?..
— Unisiyam toʻg‘ri, bunisiyam... — pochcha kattakon kaftlarini kursi chetiga bosdilar. — Kim nima niyatda borgan boʻlsa — borgandir, koʻtarilgan boʻlsa — koʻtarilgandir. Ammo oxiri yaxshi chiqmabdi. Hozir ini buzilgan chumoliday toʻzib, har kim oʻz boshini asrash bilan ovoramish. Kim bizni yurtga, kim qozoqlar panohiga oʻtib, kim Hindiston taraflarga qochib qutilayotganmish.
— Sultonmurod jigarimiz-chi? Nima qilibdi ekan? Qaysi oʻr, qaysi qirga uribdi ekan oʻzini? Boyaqishni shu nasiba quvib borgan ekanmi u yoqlar- ga? — dedilar oyim. — Qaytib oʻtolmay sarang, desangiz-chi, hali?
— Hov-v, darig‘, — dedilar endi pochcha toʻliqib. Shunday katta, basavlat odam kuyinganda hatto havo yetmay «hov darig‘»lab qolar edilar. — Xudoyim shu bolaning koʻngliga qanaqa oʻtlar solgan ekan, qanaqa urug‘lar sochgan ekan, shu yoshga kiribam oʻzini oʻylamasa, tinchib — tup qoʻyib, palak yoyishni xayoliga keltirmasa! Kimlar haqida qoʻyg‘urib, kimlar uchundir boshini tikib yuraversa?! Koshki oʻsha el bilsa! Vaqti kelib, qavatiga kirsa. Kirmaydi! Bular dorga tortilib ketaveraram, ular tomoshabin boʻlib turave-raram. Mashoyixlar aytmishlar: «Jonni bergin — jonni jonga suqqanga, jonni tikkin — jonni jonga qoqqanga», deb. Bu-chi, adolatpeshalik bilan hech yerga sig‘maydi. Sig‘sa, oʻtirmasmidi ti-inch bag‘ri- mizda?

Men pochchaning og‘izlariga tikilib qopman. Toʻg‘ri, u kishi azbaroyi kuyinib ketganlaridan, akamga achinganlaridan gapiryaptilar. Oʻsha janggohlarda biron daydi oʻqqa uchib, benomu inshon qolib ketmasin, deb koyinyaptilar. U yoʻllardan qaytarib qololmaganlaridan yurak-bag‘rilari ezilib ketyapti. Men buni sezib turibman. Ammo shu bilan birga hov bir oqshom — akam Boʻzsuv boʻylarini qarorgoh tutib yurgan kezlari pochcha bilan supamizda koʻrishib, tortishib qolganlari, axiyri oʻzlari bir nima deya olmaganlari yodimga tushib-tushib ketyapti, aylanib-aylanib kelyapti. Akam oʻzini nohaq deb bilsa, oʻshandayoq qaytmasmidi? Boshini shuncha g‘avg‘olarga qoʻyib yurguncha? Necha oʻlib, necha tirilguncha? Bir narsani biladiki, nafrati beadadki...

Faqat bir narsaga hech aqlim yetmayapti! Akam, oʻsha jondan aziz akajonim, Ollohning marhamati bilan shunday suqsurday bir pariga yoʻliqqan ekan, unga uylangan ekan, nega endi kelavermay... yolg‘iz oʻzini joʻnatib yuboribdi? Oʻzi qayoqlarda qoldi ekan? Xuddi Marg‘u kennoyimdan oʻsha mashvaratlarini, qarorgohlarini a’lo koʻrgani kabi! Kattabog‘ning tinchligini deb, kimlarni undan quvib chiqarib yurgani kabi! U-ku, mayli, Kattabog‘ edi. Oʻz yurti edi. U yoqda-chi, Tangritog‘ tomonlardan nima izlab, nima topmoqchi? Shon-shavkatmi yo bu yerdan topolmagan adolatnimi? Yo qaytish yoʻlini topolmay... nochoru noiloj qoldimi? Balki qoʻlga tushib...

Boshimga oʻralashib kelayotgan bu kabi xayollardan ich-etim muzlab, oʻzim xuddi chuqur jarga qulab borayotgandek bir holga tushdimu sekin oʻrnimdan turib, tashqariga yoʻl ola qoldim. Qulog‘imga hech narsa kirmas, butun oʻy-xayolim tashqarida, oʻsha yangi kennoyimda edi. Unga koʻrina qolsamu sekin ijikilab boʻlsa-da, bir narsalarni soʻrab-surishtirsam. Akam qaerda, nimaga birga-birga qaytmadi — bila qolsam...

Niyatim oshxona oldidan oʻtib, yangi kennoyimga bir koʻrinish berish. Koʻrinish bersam, soʻrashar-ku...

Kunbotardagi bulutlar hiyla siyraklashib, oftob oʻshalarning ortidan mana hozir yuz koʻrsatib qoladiganga oʻxshar-u, koʻrsata olmas, lekin bu oqlik olamni sal boʻlsa-da, ochvorganday edi.

Chiqsam, kungay yoʻlkada (shunday biz oʻtirgan uy derazasining tagida) yolg‘iz soʻfitoʻrg‘ay turgan ekan, u meni koʻrib pildirab nari bordi, tojdor boshini egib, munchoq koʻzlarini bir ajib tikib, ajabsinib qarab qoʻydi-da, yana oʻz yumushiga andarmon boʻla ketdi. U yoʻlka boʻylab ushoqmi, nimadir izlab borar, har zamon allanimalarni choʻqilab, yana pildirab keta boshlar edi. Men uning orqasidan yurdim, u ham menga qaray-qaray pildirab boraverdi. Men uni uchirvorgim yoʻq, shu bilan birga yangi kennoyimni ham koʻr-gim kepturibdi. Kennoyim esa, oʻsha yoqda — oshxo-nada. Nazarimda, mana hozir chiqib, tor yoʻlkada roʻpara kelib qolsa, koʻzlarim tinib ketadigandek, koʻzlariga qaray olmay, hech narsa soʻrolmay qoladigandekman.

Qadamimni tezlatib edim, soʻfitoʻrg‘ay ham pildirashini jadallatdi. Lekin hamon yoʻlkadan narsa terib, choʻqilashini qoʻymasdi. Bir koʻzi mendayu bir koʻzi yerda. Rizqini terib boryapti. Rahmim kelib, toʻxtab edim, u ham toʻxtab, hatto orqasiga qaytib, qolib ketgan bir nimani choʻqiladi-da, yana oshxona tomon pildirab keta boshladi. Yetib, oʻsha yerda aylandi va ichkaridagi biravdan choʻchib-hadiksirab, qadamini tezlatdi. Va shu vaqt ochiq eshikdan ikki yuzi anorday qizarib, bir hokandoz olov koʻtarib, oʻsha birav — yangi kennoyim chiqib keldi. Olov laxcha choʻg‘ boʻlib yonar, uning taftiyu shu’lasida buning yuzi boʻrtib, yanayam goʻzal boʻlib ketgan edi.

Shunda koʻrdim, u quyib qoʻygandek Marg‘u kenno-yimga oʻxshar, faqat oʻng yuzining bir chekkasi — quloq yumshog‘ining yonginasida tangaday bir narsa laxcha choʻg‘dek qizarib turar, gajagi surilib, ochilib qolgan edi. Shu qoʻsh nori bilan u kennoyimdan ajralmasa — ajratib boʻlmas edi hech.

Bu orada uning koʻzi menga tushib, bir daqiqa sarosimalandi-yu, yoʻl bera boshlaganimni koʻrib, shirin jilmaydi.
— Uzoqub ketmang, oshnu yopdum, — dedi allaqanday yaqin olib. Men uning qoʻlidagi olovdanam burun ana shu yaqin olganidan, lov qizarib, qolaversa, nimaga chiqqanimni sezib qolganidan uyalib, yerga qaradim va shoshib qolib:
— Yoʻq, uzoqmiyman, shoʻttaman, — deya oldim. Va «qovun tushirganim»dan quloqlarimning tagigacha yonib ketdi. Nazarimda, uning qoʻlidagi hokandozdan urib turgan taft oʻn chandon ortib ketganday edi.
— Shundaymu? — dedi u bir shirin qilib. Xuddi. «Voy, manu zeriktirub qoʻymayin degan qaynujonumdan», degan kabi edi. U yoʻlidan qolmay yura boshlab edi, qoʻlidagini olishim kerakligini eslab:
— Menga bera qoling. Men turganda Siz... opkirasizmi? — deb ergashdim.
— Yoʻg‘-iy... qoʻliz kuyadu, — dedi u taraddudlanib.
— Beravering siz... — dedim qistab.
— Shunaqamu? — u bir qadam chekildi-da, — shoshumang-shoshumang, — deb hokandozni g‘isht-yoʻlkaga qoʻyib, tislandi. Yoʻlka yaxlagan ekan, hokandoz tagi vishillab-jizilladi.

Men uni ilkis koʻtariboq oyimgilar oʻtirgan uyga yurdim. Pochcha olovni koʻrib:
— Hay, barakalla-barakalla, jiyan nimaga chiqdi desam, olovga chiqqan ekan-ku, tanchamizni bozillatib, duo olmoqchi ekan-ku, hay, barakalla, — deb alqay ketdilar, soʻng: — Hoy, Sanobar, tanchani ochvora qol, jiyanni qoʻli kuymasin, — deb xolamni shoshirdilar.

Xolam oʻzlari oʻtirgan tomonni ochib, sandalning oyoq qoʻyadiganini koʻtardilar. Men olovni tanchaning choʻg‘xonasiga toʻkdimu u lang‘illab, kulxonani ham choʻg‘xonaga aylantirdi-qoʻydi.
— Hay-hay, sandal yonib ketmasin, ozgina kul tort ustiga, kul tort, — dedilar xolam.

Ammo pochcha unamadilar:
— Qoʻy-qoʻy, olov solganimiz nima-yu, kul tortganing nimasi?! Qishning ziynati-ku, bu. Qoʻy, birpas tanlarimiz yayrasin. Bu olovni yoqib choʻg‘ tushirganlarning, opkelgan mana bu jiyanimizning duoi jonini qilib oʻtiraylik birpas. Og‘acha kennoyingni chaqir, oʻziyam isinib olsin, — dedilar.

Kennoyim turp archayotgan ekan, hokandozni qoʻyi- boq, aytdim:
— Oʻzingizam kirarkansiz, qutulib qolgan boʻlsangiz.

U qarab, chiroyli bosh silkidi:
— Sal dam yesun, xoʻp?
— Xoʻp, — dedim-u, nima deyarimni, nima qilarimni bilmay yoʻlkaga chiqdim. Tavba, oʻzim nega chiqdim-u, endi bir narsa deya olmayapman? Axir, akamni soʻrab-netishga bundan qulay, bundan zoʻr mavrid boʻlishi mumkinmi?! Yuragim gup-gup urgancha oshxona oldida boryapman-kelyapman, ammo qani zabon bitsa, jur’at topolsam. Bari bir soʻray olmadim, jur’atim yetmadi. Aftidan, men yangi kennoyijonimni ayardim, uyaltirgim kelmasdi... Uyga kirsam: oyimgilar u haqda gapirib, qulog‘ini qizdirishayotgan ekan, sekin jo-yimga choʻka qoldim. Ammo tancha bir rohatijon boʻpti-bir rohatijon boʻpti (oyoqdan borgan issiq odamni domiga tortib, elityapti!) Kattalarning bu yoqdagi suhbati undan-da ajoyib edi.
— Chegaradan oʻrab-chirmab, bir amallab olib oʻtibdi-yu, bu yoqqa kelgach, boshi rosa qotibdi-da, bechoraning,— derdilar pochcha nimagadir tushuntirish berib. Bildimki, gap kennoyim haqida ketayapti. — Qora tortib kelgan odamlari allaqachon koʻchib ketgan, qayoq-qa — hech zog‘ bilmaskan. Nima qilarimizni bilmay sarson boʻlib qoldik, deydi bechora.
— Baraka topsin, omonat nimaligini bilgan odam ekan, — dedilar oyim oʻzlaricha alqab.
— Qayoqdagi amakivachchalariga ishonib joʻnatvorishganini qarang-a, — dedilar Muhabbat kennoyi.— Bu yog‘i katta shahar boʻlsa...
— Endi ularam bu yoqni tinchroq deb oʻylagan-da. Bilishmaydiki, — dedilar pochcha tancha koʻrpani tizzalaridan pastroq tushirib ham oyoqlarini maxsilarining ustidan silab. — Bilishmaydiki, bu yoqda baliq boshidan irib yotipti. Dorilamon zamon qayda ekan!

Men bu gapga tushunmay angrayib qolganimni... oʻzim sezib, oldimdagi choyga alahsidim. Ammo qulog‘im ding: oyim nima derkinlar, deb og‘izlariga qarab-qarab qoʻyar edim.
— Ishqilib, surishtir-surishtirlardan tinchmisizlar? Birov bilib, birov bilmay tursa — yaxshi-ya,— dedilar oyim.
— Qayoqda? — deya xolam qoʻl siltadilar, — qaerdan is olgan, anavu ordona, aylanadi-keladi, aylanishadi-keladi, quribgina ketgur.
— Kim, Zokir badbaxtmi? — dedilar pochcha. — Nima deydi?
— Nima derdi, ang-shanglaydi nuqul, sizlarnikida propiskasiz birov borakan, deb, koʻrsatasiz, deb.
— Koʻrdimi? — dedilar oyim og‘izlaridagi og‘izlarida, boʻg‘izlaridagi boʻg‘izlarida qolib.
— Qayoqda?! Koʻrsatib boʻladimi u iskovuchga. Xudoning naq boshli-koʻzli balosi-ku,— dedilar Sanobar opam. — Eshik taqillaganining oʻzidayoq oʻraga yashirib qoʻyuvdim. Uch gal kelgan boʻlsa, uchalasida ham topolmay ketdi.
— Shundan beri darvozani zanjirlab oʻtiribmiz,— dedilar xolam.
— Kim chaqibdikin-a, kichikoyi? Koʻcha yuzini koʻrgani yoʻg‘u, boyaqish? — dedilar Muhabbat kennoyi.
— Qoʻni-qoʻshnidan boʻlak kim sotadi? Xudodan qoʻrqmagan bandasidan har narsani kutsa boʻladi. Toʻg‘rimi, Salomxon? — dedilar xolam.
— Erta kunda choʻg‘ soʻrab chiqadiganlar-chi? — dedilar Sanobar opa nimagadir sha’ma qilib.

Pochcha pishillab, orqalaridagi yostiqni tortib oldilaru tizzalariga bosib, unga bag‘irlarini bergancha jim qoldilar. Soʻng bosh chayqab:
— Gumon yaxshimas, — dedilar qoʻshilmay. — Gumon bor yerdan iymon qochadi. Bunaqa husnning dovrug‘i tinganmas. Agar yetti qavat sandiqda saqlaganingda ham axir bir kun chiqadi. Hamma zamonlardayam boʻlgan shunaqasi. Shayx San’onni dinidan kechtirgan, Ma’dalixonni kallasidan judo qildirgan nima ekan? Shu xusn-da. Temur zamonida Shodimulk degan bir shunaqasi chiqib, butun saltanatning inqiroziga sabab boʻlgan. Sultonmuroding ham chakkimas. Mana, unga ham shunaqa bittasi — poshsholarning ham koʻzini tindiradigani uchrabdi. Bilmadim, bu shoʻrimi, baxtimi bolaning?..
— Nafasizzi yel olsin, hoy, Sanobar. Bu nima deganiz? — deb xolam tovushlarini pastlatdilar. — Halitdan Siz shunaqa deb tursayiz...

Pochcha soqollarini tutamlab-silab, qiqirlab kulishga, xolamni kulib yengishga tushdilar:
— Xoʻp-xoʻp. Xoʻp, ana, ilohim qoʻsha qarisin. Oʻzi kelib, bizni bu tashvishlardan qutqarsin! Endi qutuldimmi?
— Demay ham koʻring-chi, asramay ham koʻring-chi.

Hammalari xolamning poʻpisalaridan kulishib turishgan edi, bir talinkada qirilgan turup, bir kosada suvi bilan kertilganini koʻtarib kennoyim kirib keldi. Men shundagina yalt etib yuziga qarab, bamisoli osmondan uzilib tushgan oy suzib kirib kelayotgandek koʻzlarim tinib ketdi. Uning husni pochcha aytganlaricha bor, oʻzi oʻsha Marg‘u kennoyimga oʻxshar-u, lekin undan oʻn chandon goʻzalroq edi. Xuddi oʻsha Mar-g‘u kennoyim bir ilohiy kavsar suvdan ichib qoʻyganu jannatning hur qizlariga oʻxshab qolganday edi.

U qoʻlidagilarni dasturxon ustiga qoʻyib, xolamlarga javdirab qaradi:
— Bitta chinnuga... suzib kelaverayunmu, opog‘oyuv?..
— Mayli, poshsha kelin, qoʻlingiz dard koʻrmasin, ilohim, — deb alqab izn berdilar xolam.

U dasturxondagi ortiqcha talinkalarni olib, osh suzgali chiqdiyam, oyim xolamga qaradilar ham:
— Haligi... biz kelganda chiqib ketayotganlaram shuni daragini eshitib kelishbidimi? Yo Minovarga edimi?
— Qayoqda! — dedilar xolam ichayotgan choylaridan qalqib. — Minavarga boʻlsa jon derdim-da. Oʻzini koʻribam oʻsmoqchilashadi nuqul: boshqa qizizam bormi, deb?..
— Zumrad bilan Qimmat boʻpti-da, opa? — deb kuldilar oyim.
— Ha, shuni aytgin...

Keyin osh keldi, hov birdagidek — xolam bilan pochcha biznikiga borishgandagidek zoʻr palov boʻlgan ekan, barmoqlar orasidan yog‘ini oqizib, maqtab-maqtab yeya boshladik. Yangi kennoyim judayam tortinchoq ekan. Oʻnta qistaganlarida bitta qoʻl choʻzar, shunda ham toʻrtta guruch olib-olmasdi. Lekin koʻzi oyimgilarning piyolasida, boʻshadi deguncha choy quyib turibdi. Uzatgandayam har gal oʻrnidan turib, tavoze-la, chimildiqdan endi chiqqan kelinlardek piyolani uch barmog‘i ustiga qoʻndirib, uzatib turibdi. Bunga sari pochcha:
— Hoy, oyim, hoy kelinposhsha, toʻldirib-toʻldirib, quyavering, endi oʻzimiznikisiz, — deb qoʻyadilar.
— Bunaqa qilsangiz, bugundan choy quydirmaymiz. Ana, Minavarning oʻzi quyaveradi. Oshgayam qarang, — deb qistaydilar xolam.

Tangritog‘lik kennoyim:
— Xoʻp, opog‘oyoʻ, oluppan-oluppan, — deydi-yu, yana boʻshagan piyolalarga alahsib, bularni chalg‘itadi.

Men esam, tergash navbati oʻzimga kepqolmasidan hayiqib, ora-chira laganga qoʻl uzatib turibman. Ammo-lekin mana bunday tancha atrofida jam boʻlib oʻtirishimiz, ayniqsa, oy desa oy, kun desa kundek goʻzal kennoyimning choy quyib berib, bedarak ketgan akamdan bir yorug‘ mujda boʻlib qarshimizda oʻtirishi menga shunaqa yoqyapti ediki... Men undan juda koʻp narsalarni soʻragim, bilgim, akamning daragini eshitgim kelar-u, jur’at ham, mavrid ham topa olmasdim. Qachon bir mavridi keladi ekan, buni ham bilolmasdim.

Nihoyat, oshga fotiha oʻqilib, lagan olindi. Kim qozon yuvgani, kim idish-tovoqlarni bir yoqli qilgani chiqdi. Muhabbat kennoyim oʻz uylaridan xabar olgani, Sanobar opa pochchaga joy solgani turdilar. Tancha atrofida xolamu oyimu pochcha qoldilar. Oshdan keyingi choy xush yoqib, samovarning ora-chira «tirilib qolib» jig‘illashiga quloq berib-bermay u yoq-bu yoqlardan gaplashib oʻtirisharkan, kutilmaganda pochcha jonlanib:
— Hoy, Salomxon, aytmoqchi, qutlug‘ boʻlsin! Bu jiyan katta yigit boʻlib, dovon oshganmish, inistularga kirganmish! Kechagida Gulchehra aytsa, «Salom opoqini oʻg‘illari biza bilan oʻqivotti», desa bir quvonibman-bir quvonibman. Zoʻr ish boʻpti-ku, — deb qoldilar.
— Oʻzi kirib keldi, pochcha, birov orqasidan boribam yurgani yoʻq, — dedilar oyim ich-ichlaridan faxr-lanib, — koʻzuvuz tirigida oʻqib qolsin.
— Koʻp yaxshi boʻpti-da, — dedilar u kishi. — Besh yil nima — koʻz ochib yumguncha oʻtadi-ketadi. Ana, Asatullaniki ham yarimlab qoldi.
— Ilo-oy, yolg‘izlarni oʻzi qoʻllab, oying rohating-ni koʻri-ib yursin, — deb xolam kuraklarimni silab qoʻydilar. — Ozgina qiyinchilikni oʻzingga olsang...— bitirib olasan. Balki... daladan qatnashga qiynalayotgandirsan?
— Yetib kelyapman, — dedim men iymanibgina. — Oyim bomdodga turganlarida uyg‘otib qoʻyadilar.
— Oldi sutchilar bilan ketadi, — dedilar oyim.
— Juda erta ekan-e, erta. Ustiga-ustak har kuni qatnashni ayt, — dedilar pochcha men uchun qayg‘urib. Keyin oyimga oʻgirilib soʻradilar: — Hoy, Salomxon, shoʻtta qolavursa-chi? Ana, qancha uy hangillab yotibdi. Yotib oʻqiyversin!

Oyim tancha koʻrpaning qavig‘ini tekislab — xayollanib qoldilar. Men esam, bir chekkasi qanday yaxshi boʻlardi, deb uchib-qoʻnib turibman-u, bir chekkasi oyimlarga achinyapman: unda yolg‘iz qoladilarmi, Asol xolamlarga oʻxshab? Yoʻq, qiynalsamam...

Oyim boshlarini koʻtardilar. Yuzlari yorishib bir u kishiga, bir xolamga minnatdor qaradilar:
— Mayli, pochcha, qoldirsam-qoldiray. Faqat siz ham yangi kelinposhshani menga qoʻshvorasiz. Men ham yolg‘iz qolmay-da, axir.

Hammalari yalt etib, bir-birlariga qarashdi.
— Ho-ov, balli. Balli, Salomxon. Xoʻ-oʻp, savobga qolardingiz-da, — dedilar pochcha oyimning topqirliklariga besh ketib, ham rapidaday kaftlarini tizzalariga ura-ura. U kishi bu gapni aytolmay oʻtirgan ekanlar-u, oyim, oyijonim buni qaydan seza qoptilar?! Uyammas, buyammas, men bu yerda qolib, oʻrnimga yangi kennoyim ketayotganidan hayratda edim: qa- rang-a, Marg‘u kennoyimga buyurmagan uylar... unga buyurmoqda edi.

Nima bu — yo taqdir deganlari shumikan?..

Navbat Yodgormurodga Yetibdimi?

Biz hikmatiga yetolmaydigan voqea-hodisalar qancha-ya, tavba.

Quroqlar ham uzib ketolmaydigan ip qidirib, ish orasida doʻkonga chiqib qaytayotsam, koʻkdan tanish sadolar kelyapti. Toʻxtab qolayozibman. Quloq tutib, zingil solsam, shahar ustilab rosa horib-tolgan, qoʻnarga bir makon topolmagan turnalar zoʻrg‘a-zoʻrg‘a qanot qoqib, bir ipga tizilishib kelishmoqda. Ahyon-ahyonda «etib qoldik-etib qoldik» degandek bir-birlariga dalda berib qoʻyishadi, boyaqishlar.

Beixtiyor kechagi voqea yodimga tushib ketibdi.

Tomda quroq uchirayotgan edik. Ipini oxirigacha boʻshatib, soʻri yog‘ochiga bog‘lab tashlaganmiz: oʻzini osmon yutib, kaftdek boʻlib qolgan-u, darillashi baralla eshitilib turibdi. Bu yoqda shom tushib, ivir-jiviri daraxtlarning teppasigacha oʻrlab chiqib borgan, lekin qani Yodgortoyni tomdan tushirolsam.
— Shoshumang, birpas turayluk. Yulduzlar yonsun, koʻrayluk, — deydi nuqul.

Men uning koʻngliga qarab:
— Mayli, yonsa-yonsin, — dedim.

Nihoyat, koʻkning qora barqut duxobasida birin-sirin injular paydo boʻlib, men yana qistadim:
— Boʻldi, tushdik. Oyim urishib beradilar: qorong‘uda tomda yurilmaydi. Bu yog‘iga jinlarning kuni tug‘adi.

Oʻzini esa koʻtarib ola qoldimu narvondan bitta-bitta tusha boshladim. U jindanmi, nimadan choʻchib, boʻynimdan mahkam quchib olgan, miq etmasdi. Lekin yerga qoʻyishim bilan savol xaltasi ochildi-ketdi: atrofimda gir aylanib, hali u, hali bu bilagimga osiladi, yengimdan tortqilaydi:
— Oʻsha jinlar quroqqacha yeta oladularmu, amaqu?!
— Yeta oladilar,— dedim, nima deyarimni bilmay.
— Undan naru-chi, oʻta oladularmu?
— Yoʻq, yulduzlardan qoʻrqadilar.
— Quroqimuz-chi?
— Turaveradi. Biz bog‘lab qoʻydik-ku, axir.

Ammo u tinchiy olmasdi:
— Amaqu, amaqu... uzub ketsa-chu?
— Uzsa, yangisini yasab beraman, — dedim.
— Yangusi bunaqa chiqmaydu-da.
— Unda... tushirib ola qolayluk, — dedim koʻngliga qarab.
— Yoʻq-yoʻq, uchavursin-uchavursin, — deb oʻynoqladi u.
— Boʻlmasa, kirdik.

Oʻzi orqamdan ergashib kelyapti-yu, savolini qoʻy-maydi:
— Amaqu-amaqu, kechasi anuvlar kelsa-chu.
— Yana nimalar? — deb qayrilib toʻxtadim.
— Anuv «quruv-quruv»lar-chu.
— Turnalarmi?
— Ha-da.
— Kelsa, nima qipti?
— Urulub ketsa-chu?..

Men baralla kulib yuborib, yelkasiga qoqdim.
— Hoʻ-hoʻ, ularni bilmaskansan!
— Nega? — deb soʻniqdi u.
— Ular sezgir! Arg‘amchisining boshiyu uchida har qoʻriqchilari borki...
— Qanaqa qoʻriqchu? — U azza-bazza yoʻlimni toʻsib turib olgan edi.
— Sen ularni nima deb oʻtiribsan! — dedim tushuntirishga urinib. — Biror yerga qoʻnib, nafas rostlamoqchi boʻlishsa ham oʻsha qoʻriqchilari mijja qoqmay bir oyoqda turib chiqishadi, bilding.
— Nega bir oyoqda, amaqu?
— Boʻlmasa, uxlab qolishadi.
— Ha-a, zoʻr ekan!..

Ertalab tursak quroq ipini uzib ketibdi. Hov, bedapoyaning oʻrtasidan topib keldik.

Men unaqa-bunaqa quroq uzolmaydigan ip olib kelishga va’da qilganman. Hozir ichi tushib kutib oʻtiribdi.

Xonamga kirib borsam:
— E, barakalla, qayoqda yurasiz? Uyizdan necha qayta soʻrashdi, — deya esxonamni chiqarishdi.

Ichimdan olovim chiqib:
— Nega ekan? — dedim.

Bular soʻrashmabdi, ular aytmabdi. Ichim tushib, hech yerga sig‘may oʻtirsam, haytovur, yana chaqirib qolishdi. Chopib borsam, ayolim...
— Adasi, oʻzizmi?
— Men-men, nima gap? — dedim yuragim boʻg‘zimga tiqilib.
— Ishdan kelsam.. shahardan odam chiqib, Yodgorizni...
— Kim chiqib?! — deb yuboribman.
— Odam, — dedi u.
— Qanaqa odam? Qayoqqa opketadi? Oyimlar-chi?
— Qanday bermaydilar? Katta buvasi soʻratib tursa, — dedi u.
— Qanaqa buvasi? Buva nima qiladi unda?! — deb baqirib berdim.
— Men bilmasam, adasi...
— Xoʻp: buvasining nomidan kelgan... qanday odam ekan? Surishtirmay berib yuboraveradimi?
— Mashinada opketgan odamlarni aytyapsizmi?
— Kimni boʻlardi?! Jilla qursa, mashinasini eslab qoptilarmi?
— Es-ki «Pobeda»mush.
— Ichidagilar-chi?
— Binoyi kiyingan, sipo yigit deydilar.
— Yolg‘iz oʻzi ekanmi? — dedim tasavvur eta ol-may.
— Yoʻq, qoʻshnilarning aytishicha, mashina orqasida bir milisa ham oʻtirganakanmush.
— E, barakalla sizlarga! — dedim zahrimni kimga socharimni bilmay.— Boʻpti, men oʻshanaqasi oʻtib boraman, — deb telefon-quloqni joyiga tashladim...

Nega oʻshanaqasi dedim, oʻshanaqasi deganda nega Yodgormurodlarnikini nazarda tutdim — oʻzim bilmasdim. Nazarimda, ularni avrab, bolani olib ketgan kimsa, albatta, Chaman akalarnikiga kirgan, Yodgorni surishtirib bilgandek edi. Ammo oʻzi kim, Kemshiktoyni oʻg‘irlaganlarga qanday dahli bor — hech tasavvur eta olmasdim. Buvisi ham emas, buvasi emish! Ol-a, shovvozlar! Rosa bularning koʻzini shamg‘alat qilib ketvoribdimi?! Chaman akam kelgan taqdirda ham bunday qildirmasdi-ku. Bu yerda boshqa gap bor. Boshqa birov kelgan. Qolaversa, kecha kechasi quroqning ipini uzib ketishi, men yangi, mahkamroq ip qidirib yurishim, shu paytda horib-tolgan turnalarning shahar ustilab oʻtuvi — bularning hammasida bir sir bordek, hammasi bir-biriga bog‘liqdek koʻrinar, miyamdan Yodgorning anuv gapi, bular quroqimizga urilib ketmaydimi, degani ketmasdi. Mana, endi ip topganimda oʻzini olib ketishganmish. Tavba, Qumloqqa soʻroqlab borishdan boshqa yoʻl koʻrolmasdim. Boshqa qaerdan ham izlardim uni?

Oʻzi nimalar boʻlyapti? Kemshiktoyning yoʻqolishi, Sariq moshak bir devonaga ergashib ketishi — tushunarli. Tushunsa boʻladi. Anavi suvilondan azbaroyi bezganidan ketsa ketvorgandir. Lekin Yodgormurodning yoʻqolishi... — dalaga topib borib, olib ketishlari-chi? Gʻaroyibdan g‘aroyib edi. Negadir oʻzimni dog‘da qolgandek sezib ketyapman. Ertaga Chaman akaga nima deyman? Onasi — kennoyimning oldiga qay yuz bi-lan boraman? Kim, qaysi nomard jur’at etibdi bu ishga?

Oʻsha Kalkovuz boʻyidagi tanish xonadonga borsam, hammayoq suv quygandek jimjit. Na chimirilgan «suv-ilon» koʻrinadi, na yuzini sepkil bosgan Kemshiktoy. Yakka tavaqa eshikni ochib, ichkariga kirib boribman ham, oshxona oldiga oʻtib chaqirib turibman ham, qani birov ovoz bersa.

Nihoyat, uyning orqasidagi hovuz tomondan uch-toʻrtta eski bag‘az koʻtarib, peshonasini qiyiq bilan tang‘igan odam chiqib keldi.

U meni eshitdi, desam, kursi ustiga chiqib, bag‘az bog‘lashga unnay ketdi. Noiloj, chaqirib boraverdim. Bog‘ qorovulining rosa «tom bitgani»ga uchragan ekanman. Uning qulog‘i yonidagi zirak-apparati «oʻlib qolgan»mi, yoniga borganimdagina koʻribdi.

U soch-soqoliga oq oralab, qoshlari tikrayib oʻsa boshlagan og‘irkarvon odam ekan, salomimga alik olib, pastga tushdi.
— Keling, jiyanmi? — dedi ziragini toʻg‘rilab. — Bittasi har vaqtdagidek yoʻlga ketgan. Toklar ham qarovsiz qopti, — dedi ishkomlarga ishora etib.
— Boshqalar-chi? — dedim.
— Boshqasi — idorama-idora yuribdi! — dedi achinib, — lekin ayol — ayol-da. Ayol kishining qoʻli qaerga yetardi. Nima dedingiz?

«Suvilon»ni aytayapti.

Axiyri qulog‘iga choʻzinib dedim:
— Idorama-idora bolalarni surishtiribmi? — Azaga borgan xotin oʻz dardini aytib yig‘laganidek, men ham «oʻz dardim»dan kelar edim.
— Kechirasiz, tushunmadim, — dedi bog‘bon qoʻlini qulog‘iga tutib.
— Bolalarni aytyapman, qay birini qidirib ketdilar?

Og‘irkarvon odam yelka uchirdi:
— Bilmasam, jiyanning sannashidan asrandisi shekilli, — deb turib, qoʻshib qoʻydi. — Ha, aytmoqchi, anuv shirintoy ham koʻrinmaydi. Ijarada turgan kelinning jujug‘i. Soʻramabman ham.

Sal yengil tortgan joyimda ichimga qayta og‘ir tosh choʻkdi. «Uni bular soʻratmagan ekan-ku, soʻratsa shu yerda boʻlmasmidi?!»
— Ichkarida kim bor, buvi bormilar?
— Borlar-borlar, oʻtiribdilar shularning duoi-jonini qilib. Kiravering.

Og‘irkarvon bog‘bon (bularga tog‘a boʻlsa kerak) zirak-apparatini oʻchirib, kursiga chiqdi-da, koʻtarilgan tok novdalarini bog‘lashga tutindi. Men oʻzim bilgan uy tomon yuraverdim. Yo qudratingdan, bu moʻ’jazgina, saranjom-sarishta uyda attor qutisimi, nima bor edi, kirmasizdan allatovur ifor hidlarga qoʻshilib, bir ajib boʻy — qalampirmunchoq1 hidi gurkirab kelar edi.

Aftidan, Oytoʻra buvi mening qoramni koʻriboq koʻngillari boʻshab, bir yerga yetganlaru yana koʻzyoshlarini apil-tapil artishga urinib, qoʻllari bilan kalampirmunchoq shodasini ushlab qoʻygandek edilar. Men shuning ustiga salom berib kirib bordim.

U kishi (kipriklari oʻsha-oʻsha nam, oʻzlari iymangan hollaricha) meni qarshilarkanlar, yuzlariga nur inib bormoqda edi.
— Keling, aylanay. Vaalaykum assalom, mirzo yigit. Xolangiz oʻrgilsin, bormisiz? — u kishi tasbehlarini tizzalaridagi och qoʻng‘irrang tivit adyol ustiga tashlab, qoʻllarini choʻzib edilar, men engashib yelkamni tutib bordim. Va shunda doʻlanarang tasbeh uchida qalampirmunchoq shodachasi borligini koʻrdim. Ha, mana, gap qaerda edi!

Buvi yelkamga qoqib, peshonamdan oʻpganlari kamday, qansharimni silab qoʻydilar. Bir rohat sezdim, bir rohat sezdim.

U kishi qoʻl ochib, duo qilar ekanlar, hatto nima tashvishda kelganimni-da, unutayozgan edim.
— Yaxshiyam siz, sizday xabar olguvchimiz bor ekan. Xudoyimning oʻzi mehribon-da, Chamanimning oʻrnigayam sizni yetkazib turibdi...

Oh, koshki oʻzim kelgan boʻlsam!

Men bosh egib, yer chizib qolgan edim. Ammo sir boy berib boʻlmasdi. Shu zahoti oʻzimni oʻnglab:
— Haliyam qaytmadimi u oʻyinqaroq? Biz huvillatib ketibmiz-da, uylaringizni? — dedim, ammo qani Yodgor haqida ayta olsam. Tilim tugig‘lik, dardim ichimda edi.
— Asalim shuncha joylarga yuguribam hech ish chiqarolmadi. Osmon uzoq, yer qattiq. Ayol kishi — ayol ekan. Mana, oʻziyam bildi, boyaqish.

Mavridi kelgan edi, soʻray qoldim:
— Milisa-chi, kelmadimi?

Hamma nima g‘amda, men oʻz dardim bilan edim!
— Keldi-keldi, bu yoqqa kirmadi-yu, lekin tepagacha chiqdi, — dedilar buvi.
— Tepada — boloxonada maqib yuribdi? Akbartoyning masalasida kelgan boʻlsa?
— Bilmasam, — dedilar u kishi ham hayron qo-lib.— Avval Asal bilan bir nimalarni gaplashdi, keyin chiqdi.
— U kishini ergashtiribmi? — dedim ichim g‘urmishlab. Men izquvarning dardi nima ekan, bilolmasdim. Yoki Asalning oʻzi og‘zidan gullab qoʻydimikan, Chaman akam yoʻg‘ida? Hammasidan shunisi meni talvasaga solib qoʻygan edi. Buvi bosh toʻlg‘adilar:
— Yoʻq, tushavermagach, chiqdi shekil. Shundan ke-yin, xoʻp, opaxon, xoʻp, bexavotir boʻlavering, daragi chiqishi ila xabar qilamiz, deb chiqib ketdi.
— Qiziq, nima izlab kelibdi?
— Bolalarning suratini soʻrabdimish.
— Ikkalasinikimi?
— Asalni gapi-da... Men balki xato eshitgandirman.

Menga shuning oʻzi kifoya edi. Bekorga boloxonaga chiqmagan, suratini soʻramagan. Koʻrinib turibdi, biznikiga Yodgorni izlab borganam, bu yerga surat soʻrab kelganam — shular. Ammo u kim, qanday nobakor? Milisa formasini kiyib olib, hammani laqillatib yurgan izquvar?

Buvi aft-basharasini koʻrmadilarmikan?

Shuncha tashvishlar bilan ham u kishining yuzlaridan anavi g‘aroyib nur kamaymagan, bu nur yuzlarining ruhidanmi, ich-ichidanmi silqib turar edi. U kishining dillarini og‘ritib qoʻymaslikka tirishib, soʻradim:
— Oynadan boʻlsa ham koʻrdingizmi oʻzini?
— Kimni? Oʻsha milisanimi?
— Ha-da.
— Oʻtganda-ku, yaxshi ilg‘amovdim, lekin qaytganda koʻrdim.
— Yuzinimi?
— Ha, ilgariyam bir kelgan shekilli, Chamanimni soʻroqlab... Ancha yil burun.
— Demak, eski oʻrtoqlari... Shundaymi?

Buvi bosh chayqadilar:
— Unisini bilmadim. Lekin g‘umaloq yuzli, qozoqbashara yigit edi. Hozir ham koʻz oldimda turibdi. Qizil shapkasi ham tusini oʻzgartirmagandi.
— E, umi? Xudoning hoʻl balosi! — deb yuboribman. Oʻzimning gapimdan oʻzim uyaliblar ketdim.
— Yoʻg‘-e, sipo koʻrindi-ku, — buvi kishini bunchalik yomonlash joiz emas, demoqchi boʻlardilar.

Men gapimni siporishladim:
— Chaman akamdan hayiqqan-da. Agar oʻsha Eski Joʻvaning milisaligidan haydalib, bizning yoqqa oʻtkazilgan odam boʻlsa, men uni bilaman, — dedim. — Qaytarishibdimikan yana?
— Tanisangiz, surishtirib koʻring. Oʻzi koʻngli oʻksik edi, qaerlarda qoldiykin, bolam boyaqish, sig‘indi boʻlib?..

Men haligi gapdayoq ado boʻlgan edim. Boshim gir aylanib, koʻzim tinib-tinib kelarmidi, yo turishga intilarmidim, ishqilib tezroq keta qolsam, deb qolgandim.

Axir: huvillablar qoldik, Yodgortoyni qachon opkelasiz, deb qolsalar, nima deyman? Qaysi til bilan men — oʻzim uni izlab yuribman, deya olaman? Undan koʻra...
— Menga javob bersangiz, — deya oldim axiyri til-zabon bitib. Yana: duo qiling, degan kabi qoʻlimni ochdim.
— Iloho omin, og‘ir kunlarda bizga boʻlishibsiz, Sizga ham qayishadiganlar koʻp uchrasin. Bizdan qaytmasa, Ollohdan qaytsin.

Qaysi yaxshiligimni aytadilar? Hali bilmaydilar-da, kuppa-kunduzi bolani oldirib qoʻyganimizni bilsalar, nima derdilar ekan?!.

Tezroq ketish kerak! Kimning gapi — topshirig‘i bilan qildi ekan? Bu yoqqa kelgani yetmaganday, biznikigacha qaerdan topib bordikan? Yana shunchalik qistalang opketgani-chi? Nimaga shoshgan, oshiqqan?

Turdim. Mingta Qoʻqon manziratlar bilan xoʻshlashib, chiqa boshladim. (Bu manziratlardan ichim sidirilib boryapti).
— Kep turing-a, yoʻq boʻlib ketmang-a? Chaman akangiz ham tayinlagan-a?
— Xoʻp-xoʻp. Esimda. Kemay qayoqqa boraman?!

Anavi tok tarayotgan «zirakli» tog‘a bilan ham xayr-lashib jilayapman-u, ichkarida bir nimasini unutgan odamdek, galdirardim. Koʻzim hadeb anavi boloxonali uy derazasiga ketib-ketib qolyapti. Nazarimda, oʻsha deraza tavaqalari birdan lang ochilib, oʻsha toy bo- la — Yodgormurod:
— Amaqujon! — deb chaqirib qoladigandek, qayrilib qaraganim-qaragan. Ammo qani, chaqirsa! Chaqirmasdi! Endi u uyga kirishga, uch yog‘idan uch xil odam koʻrinadigan u suvratni koʻrishga yoʻl boʻlsin! Nazarimda, oʻsha azizlarim «Nima boʻldi? Bizni Yodgormurodimizni, shirintoyimizni nima qilib qoʻyding? Nimaga asray olmading?», deb turishgandek, ta’na etishayotgandek.

Men esam, qoʻlimda turmadan tortib, eng oliy idoralargacha kirib borishga qodir hujjat turib, qaerga borishni, kimga uchrashni bilmasdim: Bizni kim chuv tushirib ketdi ekan? Oʻsha binoyi, sipo yigitning oʻzi kim? Uni kim boshlab boribdi? Oʻsha qozoq basharami yo bu unimi? Ajratib ol-chi? Men Kalkovuz boʻyida xuddi issiqlab ketgan odamdek yuzimni pishib-pishib chaygancha, oʻtirib qolgan edim. Nahot oʻsha sulloh uni ergashtirib borib, bolani olib ketgan boʻlsa? Men uni koshki bilmasam... Xolamlarnikida turganimda necha martalab surishtirib borgan. Meniyam, kennoyimniyam...

Bir kuni oʻqishdan qaytsam, darvoza oldida qoqqan qoziqdek turibdi. Meni koʻrib:
— Iya, janoblarining oʻzlari-ku! — dedi irsha-yib, — haliyam shoʻttamisan? Jarimaning kattasini solmagunimcha turavurasan shekilli. Uyda kim bor? — dedi mishillab.
— Bilmasam, koʻrib turibsiz, endi kelyapman, — dedim darvozani ochishga shoshilmay. Yotganidayam ki-yimini yechmay yotadimi, formasini yog‘ bosib, yoqayu tirsaklari, tizzalari yaltillab ketgan edi. Keyin undan achimsiq maxorka hidi anqib yotardi.
— Pochcha qaerdalar? — dedi ichkariga ishora etib.
— Tahorat olyapgandirlar-da, — dedim sir bermay.
— Xola-chi? — dedi surishtirishini qoʻymay.
— Bilmasam, — deb yelka qisdim.
— Mehmon-chi? — dedi u dabdurustdan.
— Qanaqa mehmon? — dedim angrayib. — Oʻzimmi?
— Sen — otni qashqasini bilmaskanmanmi? Anuv kelinni aytayapman. Chegaradan oʻtib kelgan-chi! Kimni gel qilyapsan? — deb oʻdag‘ayladi.

Damim ichimga tushib ketdi. Lekin bu ipirisqiga aytib boʻladimi!
— Men... unaqa mehmonni koʻrganim yoʻq, — dedim koʻzimni loʻq qilib. Xuddi u ishonadigandek yana qoʻshib qoʻydim, — boshqasi bilan adashtirayotgandirsiz.

U mazax qilganday irshaydi:
— He, qishloqi!.. Kimni laqillatmoqchisan?! Avval mishig‘ingni eplab ol, — dedi-da, ipga osig‘liq choʻpni teshikka tiqib edi, zanjir tushib, eshik ochila qoldi.
— Boshlaydilarmi yo oʻzim kirib boraveraymi? — dedi meni masxaralab kulib, soʻng qorni g‘arch-g‘urch bosgancha tepa uyga qarab chaqirib boraverdi:
— Hov, kim bor? Qaravorasizlarmi bundoq!

Pochcha namozni boshlab qoʻyganlar shekilli, yolg‘iz nokning roʻparasidagi oynavand ravonning eshigi ochilib, zinada Muhabbat kennoyi koʻrindilar. U kishi adl qomatli, xonzodalarga oʻxshab qaddilarini g‘oz tutib, bir chiroyli yurar edilar. Shu yurishda viqor toʻkib kela boshladilar. Milisa ularni koʻrib, qadami tovsillab, oshxona eshigida toʻxtadi.
— Kennoyijon, uzr, — dedi yaltoqlanishga tushib,— xizmatchilik. Sizlarnikida...
— Nima, bizlarnikida?.. — dedilar Muhabbat kennoyi pinaklarini buzmay.
— Bepropiska odam... turipti ekan. Shunaqa xabar tushib...
— Kim ekan oʻsha... xabargir? Qaniy?.. — deb u kishi qoʻl choʻzdilar. Men ortda — oʻz darsxonam eshigi kesakisiga suyanib turardim, oqibati nima bilan tugarkin deb.

Uchastkovoy hali u, hali bu choʻntagini kavlab, talmovsiradi:
— Ie, qopti-ku. Kechiras, idoraga tashlab kelavuribman.

Muhabbat kennoyi pinak buzmadilar:
— Qolgan boʻlsa, opkeling. Men bir koʻray, oʻsha tuhmatchini!
— Endi, kennoyijon, — dedi milisa, — opkelganimdayam berolmayman sizga. Qonunda yoʻq.
— Shunaqami? Xatni tekshirishga qonun bor, koʻrsatishga yoʻqmi? Kimni laqillatayapsiz? Qani, bir tuyog‘ingizni shiqillatvoring-chi?! — deb u kishi qoʻllarining orti bilan tovuq qoʻrigandek haydashga tushgan edilar, u qizarib-boʻg‘riqib ketdi.
— Men bilan oʻchakishmang, kennoyi. Oxiri yaxshi chiqmaydi, — dedi poʻpisaga koʻchib. — Bilaman, sizlar xorijdan oʻtib kelgan odamni... yashirib oʻtiribsizlar. Birontanglar qamalib ketsanglar...
— Voy-voy-voy, qoʻrqitib yubording-ku, juda. Avval top-da, keyin gapir!— dedilar Muhabbat kennoyi.
— Qoʻymayapsiz-ku, axir, — dedi u.
— Bor, ana, topib olaqol. — Muhabbat kennoyi yoʻl berib, chetlangan ham edilarki, pochcha toʻrdagi uydan chiqib keldilar. Keyin novvotrang xassalarini tizzalariga olgancha, derazaning pastak taxtasiga choʻkdilar. (Bir vaqtlar rasm boʻlgan shekilli, oʻsha toʻrdagi uyning ikkala derazasiga ham oʻrnatilgan archa qopqalar oʻngib ketgan edi). U kishi kaftlarini qoshlariga tutib, unga zingil tashladilar:
— Zokir, oʻzingmisan, qizig‘ar? Nima balo, betta biz turishimizni... unutib qoʻydingmi? — dedilar nimagadir shama qilib.
— Assalomu alaykum, pochcha, oʻzingiz shoʻttaykansiz-ku, — dedi u haytovur salomini unutmay.
— Vaalaykum, vaalaykum... Ha, seni nima jin urdi, Rahmatulla akang qaerda ishlashini bilarding shekilli? — dedilar u kishi. (Rahmatulla aka Muhabbat kennoyining erlari, allaqaysi katta idorada ishlaydilar).
— Bilaman, pochcha, bilaman, — dedi u ancha hovridan tushib. Soʻng besh qadam naridan tavozelanib bora boshladi. — Lekin xizmatchilik ekan, iloj qancha?

Hujraning qiya ochiq eshigidan Minavar opam moʻralab, ayvonda qora duxoba paxtalikda xolam koʻrindilar. Pochcha esa, milisaning kiprik qoqmay yolg‘onlashi nasha qilib, qiqirlab kuldilar. Balki jahllari kelib, kulgi bilan yengayotgandirlar...
— Xizmatchilik, degin? Qizitaloq, bu senga xizmat topib beradiganlaram koʻpayib qopti-da, a, Zokir? — deb tegishdilar. Soʻng qoʻlini olib, aftiga ham qaramay bosh chayqarkanlar, dabdurustdan soʻradilar. — Agar topolmasang-chi, nima boʻladi? Jazolashadimi?

Zokir qoʻlini boʻshatolmagani ustiga nima deyarini bilmay gangigan edi.
— Jazo-ku... berishmas, lekin gap tegishi mumkin,— dedi.
— Shunaqadan ikki-uch marta boʻlib qolsa-chi? Boʻshatvormaydimi, qizitaloqlar?

Bu gapdan u battar dovdirab, yelka qisdi.

Pochcha qoʻlini qoʻyib yuborib, xumdek boshlarini saraklatdilar:
— Chatoq, chatoq, Vazifang og‘ir ekan, Zokir, — dedilar. Va kutilmaganda: — Ana, bor, qiraqol. Xohlagan joyingni titib chiqa qol, — dedilar.

Zokir buni kutmagan ekan, tintuvni qaysi uydan boshlashni bilmay kalovlanib qoldi. Muhabbat kennoyining zinasi tomon yura turib, birdan aynidi. (Yo Muhabbat kennoyining boyagi shaxtidan choʻchidi, yo Rahmatulla akaning qaerda ishlashini xotirlab qoldi). Qayta turib, pochchaga yaltoqlandi:
— Sizdaqa tushungan odamning sadag‘asi ketsang arziydi, pochcha. Anuv raisingiz bor-ku — Mamatoxun! Shundoq qora boʻlib turishga unamadi-ya. Shoshmay tursin. — Ayvon yonboshidagi hujra tomon yura turib, oʻz koʻnglida izn soʻradi. — Shu bir chekkadan boshlayveray-a? Qani, opoqi, oʻziz boshlay qolasizmi?

Xolam paxtaliklarining tugmasini yechib-qadar-kanlar, pochchaga yaqin borib, quloqlariga bir nima dedilar. Pochcha boyagi-boyagi bosh saraklatib, qi- qirlab kularkanlar, soqollarini tutamlab-silab turib:
— Qoʻyaver, sanga nima, tintadigan u ekan. Manga desa, kir oʻraga tushib chiqmaydimi?! — dedilar.

Zokir milisa ayvonga oʻtgan joyida toʻxtadi.
— Milisani mazax qilyapsiz, shekilli, pochcha? — dedi u kishining qiqirlab kulishlaridan chindanam og‘rinib. Bilmaydiki, pochcha bir narsadan jahllari chiqa boshlasa, oʻzlarini kulib yengadilar.
— Bor deganda boravurmaysanmi, tepchilmagan doʻppilaring bilan kimni nima ishi bor?! Unga bosh-qa birav kerak. Xorijdan kelib, yashirinib yotgan odam kerak. Qattan bilasan, balki u katta qoʻporuvchidir. Dushmanni yashirib yotgandirbiz?! — dedilar ovozlarini koʻtarib.

Pochchani hech bu alpozda koʻrmagandim: u kishi xassalarining uchini qatqaloqqa urib-urib soʻzlar edilar.
— Men bir narsa dedimmi, Sanobar, ana koʻrgancha koʻrib, qidirgancha qidirsin, yoʻq narsani, — deb xolam hujraga boshladilar.

Zokir pochchaning avzoylari nimaga ayniganini ang-lab turgan boʻlsa ham ikkilana-ikkilana xolamlarga ergashdi. Men bu mashmashaning nima bilan tugashiga hech aqlim yetmasdi. Tavba, pochcha nega bunday qilyaptilar? Aytib qoʻya qolsalar boʻladi-ku! Sen qidirgan odam yoʻq, ovora boʻlasan, joʻnab ketib boʻlgan desalar, olam guliston-ku. Atay kalaka qilyaptilarmi?..

Men oyog‘imdan sovuq oʻtib borayotgan boʻlsa ham, kirib keta olmasdim. Oʻn kun izlaganda kennoyimni topolmasligini bilaman, lekin bu mashmasha nima bilan tugashi qiziq.

U hujradan tortib, barcha uylarga, hatto Muhabbat kennoyining ravonigacha bosh suqib chiqdi. Bostirmani aylanib koʻrdi. Burchakdagi ming xil eski-tuskilar saqlanadigan joyga kirib, qancha yoʻq boʻlib ketdi. Keyin bilsam, boʻsh sandiqlaru meni boʻyimdek-boʻyimdek xumlar ichigacha bosh suqib koʻribdi. Axiyri, qoʻlining changini qoqib, hovlida gardanini qashlagancha turib qoldi. U qaerdandir yelkalariga necha yillik islarni ilashtirib chiqqan, lekin oʻzi sezmas edi.
— Xoʻsh, koʻngling joyiga tushdimi? Yo tom taglarigayam chiqib boqasanmi? — dedilar pochcha oʻsha-oʻsha deraza rahida jilmayib oʻtirgancha. Keyin hozir chuchkirib yuboradigan odamdek labu lunjlarini bir g‘alati bujmaytirdilar.

Kutilmaganda bu unga tegib (yo chindanam bahona topolmay turgan ekanmi), birdan choʻchonglay ketdi:
— Kuling-a, kuling! Sizga odamni ustidan kulish boʻlsa! Hali yig‘laydigan vaqtlar ham keladi! Shoshmay turing. — U zarda bilan qoʻl siltab, joʻnay boshlagan edi (koʻrib turibman, xolamning yuzlari oqarib ketdi, Minavar opam «ada-ada»lab qoldilar, Muhabbat kennoyi esa, milisani insofga chaqirishga taraddudlanib, qadam bosdilar), pochcha uni xotirjam chaqirdilar:
— Menga qara, — dedilar muhim gaplari bordek. Zokir ham bunga ishonib, oʻgirildi. U kishi asta imladilar. — Bu yoqqa kel. Kel, kelaver.

U ham ishonib qaytib bordi.
— Qulog‘ingni ber, — dedilar oʻtirgan yerlarida qoʻllarini choʻzib.

U engashdi.

Hammamiz hayron boʻlib turibmiz. Nima gaplari bor ekan, deb. Pochcha uning boshini oʻzlariga yaqin tortib, qulog‘iga bir nima dedilar.
— Yoʻg‘-e!.. — dedi u koʻzlari ola-kula boʻlib. — Eshitganim yoʻq-eshitganim yoʻq. Chiningiz bilan-a?— dedi ishonolmay.
— Chin, chin. Chindan, — dedilar pochcha turqlarini qilcha oʻzgartirmay.
— Bizda... bizda unaqa ma’lumot yoʻq-ku, — dedi Zokir tamomi gangib.

Pochcha kuldilar:
— He, sen bu yog‘ini eshit, — deb yana qoʻllarini choʻzdilar.

U engashdi. Va yana pochcha bir nima dedilar.
— Bir karvon? Sha’m? — dedi. Zokir boyagidan ham garangsib. — Nima qilarkan shuncha sha’mni?

Pochcha qulog‘ingni ber, beraver, degan kabi yana qoʻllarini choʻzdilar.

U yana engashgan edi, yana bir nima deb, kulib yubordilar.

Zokir turgan yerida sachrab, boyagidek choʻchonglab ketdi:
— Ey boring-e! Ey qoʻying-e! Men sizni tuppa-tuzuk odam desam... — U choʻrt burilib, shatillab chiqib keta boshladi.

U kishi nima deya qoldilarki, Zokir milisa chayon chaqqandek bu xonadondan chiqib borarkan, yoʻlakay orqasiga oʻgirilib:
— Hali shoshmay turing. Sha’m qanaqaligini koʻrsatib qoʻyaman! Milisa bilan olishishni koʻrasiz hali!— deb javrab-sannar edi.

Pochcha esa, qani parvo qilsalar! Qaytaga xumdek boshlarini chayqab-chayqab, koʻzyoshlarini arta-arta kulardilar. Oʻzlarini toʻxtatolmay: «Voy, Zokiri tushmagur, voy, Zokiri tushmagur, holing shu ekan-ku», deb qoʻyardilar.

Qarab turib, men u kishini suyub ketdim. Qara-ya: shu sullohgayam bas keladigan odam bor ekan-a!

U ostonadan oʻtdiyam, orqasidan darvoza sharaqlab yopilib, zanjiru xalqalari oʻynab ketdi. Uning vahimasidan hammamiz choʻchib tushibmiz. Ammo pochcha tirqirab chiqqan koʻzyoshlarini kaftlariga arta-arta hamon «voy qizitaloqning yugurdagi-ey», deb kular edilar.

Axiyri xolamlarga zabon bitdi:
— Hay, Sanobar, shu odatiz qolmadi-qolmadi-da. Axir ketvotuvdi-ku, itdek boʻlib?... Zarilmidi jig‘iga tegish? — dedilar vajillab va yuzlarini burib uyga qarab yurdilar.
— Nima deya qoluvdiz, opoqta? — deb kulimsiradilar Muhabbat kennoyim.

Munavvar opa esa hiringlab hujraga kirib ketdilar.

Pochcha qoʻl silkib, bosh chayqadilar:
— Keyin-keyin. Bir kun kelib, aytib beraman, kulib yurasizlar.
— Hozir aytsangiz-chi? — dedim men.
— Qizig‘i qolmaydi, jiyan. Ammo-lekin bir tushirdimmi, qizig‘arni bolasini?! — deb ta’sirlanib qoʻydilar.

Ammo xolam ostonaga yetmay toʻxtadilar, ichlariga sig‘dira olmay:
— Umrbodli dushmanam orttirib olmang-da, Sanobar. Koshki ichiga yutib ketsa. Xudoning hoʻl balosi-ku, — dedilar jig‘illab.

Pochcha bir qoʻllari bilan orqa — bellarini ushlagancha xassaga tayanib turib, sekin oʻrinlaridan qoʻzg‘oldilar:
— Sen koʻpam g‘am yema, Sanobar. Xudoyim Oʻzi g‘amxoʻr. Shu hoʻl balosi bilan ham sinamoqchi ekan, sinayveradi. Hammasi Oʻzining qoʻlida. Yorlaqash ham, qiynab-qiynab iymonni charxlash ham. Men yolg‘iz Oʻziga tavakkal qilgan odamman. Boʻlagidan qoʻrqmiyman. Bilasan-ku, oʻzing, — deb u kishining ketidan tanchali uyga yurdilar. Va bora turib, menga «Yur, Maqsudxoʻja, oyog‘ingni isitvol. Omon boʻlsang, bunaqa tomoshalarning koʻpini koʻrasan», deb qoʻydilar.

Chindanam bu bir bashorat ekan. Mana, endi bu xonadonlargacha kelib yuribdi. Ular turadigan boloxonalargacha chiqib boribdi. Bolalar esa dom-daraksiz. Bu ishda u iblisning qoʻli yoʻqmikan? Hukumatga xizmat qilyaptimi yo boshqa birovlarga?

Arqonning bir uchi shu yerda ekan, nega sog‘ib-sog‘ib oldigacha bormay?

Men ichimda bir jahd uyg‘onib, oʻrnimdan turdim. Yerning tagidan boʻlsa ham topishim kerak. Yodgormurod haqqi, kennoyim haqqi nima gapligini bilishim kerak!

Shu jahd bilan Eski Joʻvaga qarab yura turib, kallam birdan tiniq ishlay ketdi: uyga bormay turib, oyimlardan anig‘ini bilmay turib, men kimni izlab yuribman? Axir, sipo yigit bunimas, boshqasini boshlab borgan boʻlishi ham mumkin-ku. Unda «mashinaning orqasida oʻtirgan formali odam» kim? Avval oʻshani aniqlash lozimmasmi?..

Men jahd bilan uyimizga qayta qoldim. Axir uning izi qaerda yoʻqolibdiki, men qaytmasam?..

(Alhamdulilloh alo tavfiqihi. Kitobning avvali ana shu joyda e’timomiga yetdi).

Avvalgi
I- qism