OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMurod Mansur
Asar nomiJudolik diyori (2-kitob 2-qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Murod Mansur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Шарқ» Нашриёт-Матбаа Акциядорлик Компанияси - Бош Таҳририяти, Тошкент, 2007
Hajm480KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/28
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Жамоатчи муҳаррир: Нуруллоҳ Муҳаммад Рауфхон
Мусаввир: Хуршид Зиёхонов



iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Judolik diyori (2-kitob 2-qism)
Murod Mansur

Ikkinchi Boʻlim - Hijron Shevasidagi Mahfuz Xatlar

Kemshiktoyning Siri — Toʻpig‘i Chiqqunchamidi?

Yoxud hikoyachiga qorong‘u muallifga ayon bir safar tarixi

Falokat oyoq ostida ekan. Qancha yolg‘iztuyoq soʻqmoqlaru tiyg‘onchiq muzliklarda qoqinib-surinmagan jonivor dovonga chiqqanda pand yeb, munkib ketsa-ya. Tag‘inam Xudo asradi. Beligacha kirib ketgan otni qor ichidan bir amallab tortib olishdi. Qolovuz qirg‘iz chol ham oʻziga pishiq ekan, tayog‘i bilan qorni paypaslab-paypaslab borib, yoʻlni topib oldi. Jabr koʻrgandan bola koʻrdi-da. Ot ustidan uchib ketganda qanday tushdi ekan, yetib borishganda boyaqish toʻpig‘ini ushlab chinqirib yotar edi. Chiqqan boʻlsa shukr-a, singan boʻlmasin!

Boʻsh-bayovgina koʻringan qirg‘iz chol balodek tabib ekan. Kemshiktoyni aldab-suldab, toʻpig‘ini koʻrgan kishi boʻlib turib, oyog‘ini bir burab tortgan edi, boyagidan battar chinqirib yubordi. Chol:
— Boʻldu-boʻldu, chopqildab ketusan, — deb kaftini kaftiga qoqib, oʻrnidan turgan boʻlsa-da, bola (rosa qoʻrqib ketgan ekanmi) oyog‘ini hech yerga qoʻydirmas, qor-muz ustiga oʻtirvolgancha, mishig‘-tupugiga qorishib yig‘lar edi.

Bu yoqda — kun ketib, shom tushib boryapti. Oʻngdayam, soʻldayam tog‘lar, tog‘larki, bir-biridan ulug‘, bir-biridan haybatluv. Tuman birining yarim beliga oʻrlab chiqqan boʻlsa, boshqasi botib ketayotgan quyosh nur-larida muztog‘dek yarqiraydi: choʻqqilarida bulut oq salladek oʻralib-aylanadi, aylanib-oʻraladi. Faqat past — ular tushib borayotgan tomon koʻz ilg‘agan joygacha oqarishib turibdi, undan u yog‘i — hov dara chetidagi qarag‘ayzorlargacha shom qorong‘iligiga choʻkib boʻlgan. Shunaqa palla.

Bu ahvolda oʻsha najot darasiga qanday yetib olishadi, yolg‘iz Olloh biladi. Qolaversa, bu dovonda — anuv qor ostidan chiqib turgan qora xarsang toshlar ustida jon saqlabam, tong ottiribam boʻlmaydi. Olam koʻklamga kirgani bilan bu yerda hali qish bolalab yotipti. Kechasi bilan ne sinoatlarini solmaydi boshga! Es borida qolovuz choldan orqada qolishmagani ma’qul. Uniyam Xudo yetkazdi. Boʻlmasa, nima qilishardiyu qayga borishardi?!

Quloqlari izg‘irinda lovullay boshlagan koʻngilchan odam (uning quloqlari gultojixoʻrozdek qizarib ketgandi!) bolaning tepasida choʻnqaygancha nima qilarini bilmay, bosh qashinar edi. Yaxshiyam Uchqoʻrg‘ondan chiqarda Nosir maxsumning gapi bilan safar oldidan ikki rakat namoz oʻqib olgani, «Alhamdu»ning zam surasiga «Oyatal kursi»ni qoʻshib, xos duo qilgani1. (Boʻlmasa, «Salovati tunujina»ni oʻqib, tong ottirisharmidi!).
— Hoy, yurdik! Egarga oʻtqaz, oʻrgansin oʻtirishniyam! — Qolovuz cholning orqasidan otini yetaklagan «Aka pochcha» ilkis qayrilib, shang‘illadi. — Shuni deb koʻrarimizni koʻryapganimiz kammi?!

Yurakning tor-kengligi gavdaga qaramaskan-da, tavba. Otning ustidan uchib ketgani kamday, oyog‘i lat yeb turibdi-ku, bolapaqirning. Tushunish ham kerak-da, buning ahvoliga...
— Mana, hozir — turyapmiz, — deb beshikchi bolaning qulog‘iga shipshidi.— Ular jilvorishdi. Boʻla qol, Yodgortoy, paytdan foydalanib, irimini qilib olamiz.

Kemshiktoy oʻksig‘ini ichiga yutib, unga termuldi. Buning orasida koʻzlarini yengi ila artib qoʻydi. Beshikchi shivirlab tushuntirardi:
— Buning eng zoʻr dorusi oʻzingda-ku, voy toy bola-ey. Shoshma, men toʻsib turaman, sen toʻpig‘ingga bir choptirvorasan. Boʻptimi?.. Daraga tushgunimizcha otdek boʻlib qolasan. Boʻlaqol.

Bola qisinib yer suzdi.
— Voy, polvon-ey, ha, sen uyalma, taomili shunday,— Beshikchi uning kuraklarini silab qistadi. — Boʻla qol, mana, pana qilib turibman.

Bola battar qisinib, turishga unnaldi. Pushtipanoh boʻlib yonida qolgan yumshoqkoʻngil, lekin tarashadek qotma odam hadeb qulog‘iga shivirlardi:
— Sen qoʻrqma, oyog‘ing muzlab qolmaydi. Belbog‘im bor, oʻshanga chirmab tashlaymiz.

Bola baribir unamay, hakachoqlanib tisarildi.
— Unda shoshma, — dediyu beshikchi uning taqimiyu kuragiga qoʻl yuborib, dast koʻtarib olaqoldi. — Hamonki unamasang oʻzim optushaman. Bu ahvolda egarda oʻtira olarmiding.

Bola avvaliga oʻng‘aysizlanib, tushishga uringan boʻlsa-da, soʻng noiloj jim qola qoldi.

Uzun odam qorda ikki qadam bosdiyu oyog‘i moʻljallagan joyga tushmay chayqaldi. Ammo ot iziga tushib olib, yurib ketgach, bolaga buyurgan boʻldi:
— Boʻynimdan quch, boʻynimdan. Ha, ana shunday. Faqat sen, qoʻrqma. Pastga tushib olaylik, oʻzim taxtakachlab qoʻyaman. Qolaversa, Mirzahoji buvangnikiga oz qoldi. Hali seni opoqbuvang koʻrib, bir xursand boʻlsin, bir xursand boʻlsin. Bizni shunday nevaramiz bor ekan Toshkandi azimda deb. Sen sabr qil faqat. Yetkazib boramiz, deb yoʻlga chiqqanmizmi — yetkazib boramiz. Anuv aka pochcha bunaqa dovonlaru oʻg‘ri yoʻllarni endi koʻrmayapti, qoʻrqma! — U koʻzi oyog‘ining tagida, oʻzi qadamiga moslab gapirinib bor-yaptiyu bola boyaqish og‘riqni eslab qolmasin, deb attorning qutisida yoʻq soʻzlarni topar edi, — Mirzahoji buvang bizga xonlar ham qilmaydigan yaxshilik qilgan, ha. Davlat uyimizni tortib olib, bir etak bola bilan koʻchada qolganimizda, necha yil tashqisini berib qoʻygan. U shunaqa saxiy. Saxiylarning ham saxiysi, yetti iqlimda topilmaydigani. Odamlar tug‘ishganidan bunaqa oqibat koʻrolmaydi. Bir yoqdan muruvvat qilib sochavuradiyam, bir yoqdan Olloh g‘ayb-xazinasidan yetkazavuradiyam. U topgan savobni poshsholar ham topolmaydi, ha.

Oldinda ot tiyg‘onib ketib, qorga uyalab qoldi. Bu yoqdagisi esa, hurkib ketganidan tisarilib, azbaroyi kishnab yubordi. Aka pochcha oʻtirib qolgan, jon achchig‘ida jilovni qoʻyib yubormay siltalar, turishga unnalar-u, tura olmas edi. Boyaqish toʻriq, qordan boʻyniyu boshi chiqib turibdi-yu, zoʻr berib oldingi oyog‘iga turib olishga intiladi.
— Hov, naynov, sherikmisan — hammolmi? Bolani qoʻy-da, qarash, — deb chaqirdi u jon holatda.

Bu esa, bolani yoʻlning yonbag‘riga shundaycha yotqizishga koʻngli boʻlmay (axir, bilib boʻladimi, tekis deb yotqizgan joyi oʻngir chiqsa va yo oʻpirilib ketsa, bolaning holi nima kechadi?) qorni oyog‘i bilan paypaslab, shibbalab koʻrdi-da, keyin qoʻyib, otning tizginini tirsagidan chiqara yordamga shoshildi.

U dumidan koʻtarib, aka pochcha tizgindan tortib, «ha-hu»lashib bir amallab turg‘azib olishdi. Tag‘inam jonivor aqlli ekan, unnala-unnala, surina-surina oyog‘i ostida qattiq bir yer topib, oʻshanga tayanib turib ketdi. Boʻlmasa, naq otdan ayrilishar ekan. Jonivor turib olibdiyam, titrog‘i tinmaydi. Zoʻr berib pishqiradi. Oʻzi tushgan chuqurga xavfsirab qarab-qarab qoʻyadi.
— Buning joni chiqib qopti, samanni ob oʻt. Oʻsha bilan yoʻl ochib, tushib olamiz.
— Turishini qarang: oʻtakasi chiqib ketipti, yura olarmikan?— dedi otiga achinib beshikchi. Qolaversa, bolani kim optushadi? Aka pochchaning shu jahli boʻlsa... Murosaga kelib: — Mayli, unda otlarni almashamizmi? — dedi yotig‘i bilan.

Kutilmaganda aka pochcha uni tushundi. Qorda moʻltirabgina, har zamonda bir mishig‘ini tortib (hali ham oʻksig‘i bosilmagan shekilli) oʻtirgan saritoyga nazar tashlab, fikridan qaytdi:
— Boʻpti, yuraverdik. Faqat yetishib olinglar, — deya otini yetaklab, qolovuz cholga ergashdi. Beshikchi bolaning oldiga qaytarkan, uning oʻtiruvidan achinib, bir yerga yetdi: nima balo, boyaqishning qoʻliga soʻzak kirib ulguribdimi, koʻzida yosh, joniyu qoʻlini qaerga qoʻyishni bilmay qopti? Hali silkib, hali barmoqlarini ezg‘ilab, «kuh-kuh»lab bir yerga yetyapti? Shunaqa, soʻzakning kirishi oson, chiqishi qiyin. Chiqqanda ham «igna»larini sancha-sancha, jon-jonigacha og‘ritib, keyin tarqaydi! Uning davosi muz yoki qor. Qorga ishqash lozim.
— Shoshma, toychoq. Oʻzingni bekor qiynama. Soʻzakning davosini mana bizdan soʻra-da. Biz topamiz-da,— deb u saritoyning tepasiga choʻnqaydi va koʻkarib ketgan qoʻlchasini kaftiga oldi. — Voy-voy-voy, toza yaxlabsan-ku, chaqaman deydi-ku! Qaerda bunday sovuqqa oldirding? Endi shoshma, ozgina chidaysan, — deya oyog‘i ostidan bir siqim qor olib, kaftchasini (barmoqlari bilan qoʻshib) obdan ishqay boshladi. Azbaroyi qattiq ishqaganidan qor sochilgancha sochilib, oxirgilari erishga keldi. Yana olib ishqadi. Unisini ham shunday qilgach:
— Boʻldimi, tashlab qochdimi yo haliyam?.. — deb jilmaydi.

Saritoy chehrasi sal ochilib, yengi ila koʻz yoshlarini artdi.
— Endi qoʻlni choʻntakka ur, qaytib kelib qolmasdan, — dedi-da, qoʻlini choʻntakka tiqqan hamono ot tizginini bilagiga solib, bolani taqimi tagiyu belidan koʻtarib ola qoldi. — Sal pastga tushaylik, otga minvolasan. Ungacha bu soʻzak1 izg‘igan dovondan oʻtib olamiz, Xudo xohlasa. Koʻr, ulardan qancha qolib ketibmiz...

Oldinda pakana qirg‘iz chol hech kimga qaramay yoʻl ochib borar, u ancha pastlab ketganigami yoki shom qo-rong‘iligi oʻsha pastdan toshib-koʻtarilib kelayotirmi, uning qorasini bir qarashda ajratib olish mahol edi. Shoshilmasa boʻlmasdi. Bunaqa pallada izniyam yoʻqotib qoʻyish hech gap emas.
— He-hey, jura qolinglar, imildamay.

Kim ekan desa, qolovuz chol ekan. Ovoz pastdan kelar, oʻziyam mushtdek boʻlib koʻrinar edi.

Tushundi: vaqt kutib turmaydi! Tag‘inam Xudo ol qulim, dedi! Kech tushayotganda shu qirg‘iz cholni yetkazdi. Uchta oʻn soʻmga dovondan optushib qoʻyishga rozi boʻldi. Oʻrisning oʻn soʻmligi Nikolayni besh soʻmligidan qolishmaydi-da, oʻziyam! Almashish mumkin bu yoʻllarda. Xuddi aynimaydigan tilla pulday. Unamay birpas tixirlik qilsa, shunaqadan yana uch-toʻrttasini qoʻshishmoqchi edi.
— Ho-zir! Yetib boryapmiz! — Ular ovoz berib qoʻyib, qadam olishlarini tezlatdilar.

Tangritog‘ga yetib olishsa, bas! Bunga oʻn hissa suyunchi kutyapti. Hammani qoʻyib, Mirzahoji quruq qoʻyadimi! Qolaversa, gap suyunchida ham emas. E, barakalla, hamshaharlar, shundan-shu yoqqa ola keldingizlarmi, bizni toychoqni? Tomirimning tomiri, danagimning mag‘izini? Hay-hay, zoʻr ish qilibsizlar-da. Bir umr esdan chiqmaydigan ish boʻpti-da, deb bir yerga yetishi aniq.

Shunda ham beshikchi qarzdan uzildim, yaxshiligini qaytardim, deya olmaydi. Undan koʻrgani oldida bu nima boʻpti?! U oʻnta jonni necha yil qavatiga olib, boshini silaganda... bu bor-yoʻg‘i bitta tomirini asrab-avaylab yetkazib kelsa, nima boʻpti?

Oyoq ostidagi qor ba’zan unday toʻzib, ba’zan muz kabi g‘archillaydi. Toʻg‘rirog‘i, avval muz qavati sinib, keyin oyoqni «yutib» ketadi. Ba’zan tizzaga dovur, ba’zan toʻpiqqacha. Yaxshiyam oldingilardan qolgan iz bor, boʻlmasa, beldan botib ketishi tayin. Keyin birov kelib tortib olmasa, chiqib koʻr. Qolaversa, shu bemahalda kim ham kelib tortib olardi?! Ertalabgacha qolib ketgan kishi muz qotib qolsa ham ehtimol... Ba’zilar shunday...

Shom ivir-jivirlari ustiga koʻngilga og‘ir bir g‘ashlik oralab borar, bunday sovuq fikrlardan (avvalo, Xudo oʻzi asrasin!) seskanib-seskanib ketardi. Yaxshiyam anavi qirg‘iz cholni uchratdilar. Balki u chol ham emasdir, chinakam Hizr buvaning oʻzidir? Manavi bolaga Xudoning rahmi kelib, Hizr alayhissalomni yoʻllagandir. Musoga qish qattiq keladi, deb ogohlantirganda oʻrtada bir kiyik bolalab qoʻyib, qishni survorgani kabi... Qolaversa, niyatlarini koʻrib-bilib turibdi Xudoning oʻzi. Bu yerda bekorga tentirab yurishgani yoʻq. Ishqilib oʻzi qoʻllasin. Manavi birovning omonatini eson-omon yetkazib borishsin.

Beshikchining quchog‘idagi bolakay qunishib g‘ingshidi. Yoʻq, g‘ingshidi, desa, ingrayapgan ekan. Uning bir burda yuzi oppoq oqarib ketgan, ustiga-ustak behol tortib, koʻzini yumib olgan edi. Ichidan qirindimi, nima oʻtdi: toʻpig‘i joyiga tushmagan ekanmi! Haligacha tinchib qolishi kerak edi-ku?..

Shu qoʻrquvda... quchog‘idagi bolakayni balandroq koʻtarib, qulog‘iga shivirladi:
— Sen qoʻrqma, toychoq, oz qoldi. Dovondan tushib olsak, tabib toptiramiz. Qirg‘izlar sindi-chiqdiga zoʻr boʻlishadi. Koʻrib turasan, otdek boʻlib, chopqillab ketasan.

Yo toʻnining tafti yoqdi yo shirin soʻzlari elitdi, bolakay tinchib qolgan, faqat ora-chira oʻksig‘i tutib, xoʻrsinib-xoʻrsinib qoʻyar edi. Koʻzlari yumuq, beholgina bag‘riga singib, g‘ujanak boʻlib olipti. Ishqilib, isitmalab qolmasin. Oʻz oyog‘i bilan chopqillab kelayotgan bolakay... bu yog‘iga yuk boʻlmasa koshki edi...

Yurak nimalarni sezmaydi. Yarim soatlarga qolmay daraga tushib olishdiyu qolovuz chol uchta oʻn soʻmlikni kaftida tutgancha duo qilib, orqasiga qaytaverdi. Qoʻlidagi tayog‘ini demasa, ishongan hech vaqosi yoʻq pakana cholning shu bemahalda dovon oshib yurishi, ertaminan qaytarman demay yolg‘iz ketvorishi chindan g‘alati edi. Qoʻrqmagani uning!.. Rostmana odam... yuragi dov bermasa kerak edi. Shunga qaraganda... chindanam Hizr shekilli. Faqat pul olgani qiziq edi. Yo kishi koʻziga shunday qildimikan?

Aslida oʻsha uchta oʻn soʻmlik kissasida boʻlsa-chi?

Beshikchi shu tobda kissasiga qoʻl yuborgisi ham keldi-yu, lekin saritoy quchog‘ida edi, aniqlay olmadi.

Shu ketishda xuftonga qadar oʻraga tushib qolgandek yurib (chindanam uch tomon qop-qora bahaybat tog‘laru faqat tepada bir tutam yulduzlar koʻrinardi, shunaqa daraga tushib qolishibdi), allamahalda lipillagan bir yorug‘ga yetib borishdi. Uni chiroq deb oʻylashgan edi, tosh oʻchoqdagi olov boʻlib chiqdi. Yoʻlga orqa oʻgirgan pastak kulba qoraygandan qorayib koʻrinar, jimjitlik yutaman, derdi. Ammo chaqirishlari bilan buzoqdek it hurib chiqib, orqasidan oqsoq odamning qorasi koʻrindi.
— Aristan, jat! — Shu bir og‘iz soʻzdan it jilib, oʻzi yelkasi tushib-chiqib kela boshladi. U qorong‘uda hiyla haybatli koʻrinib edi, asli kaltabaqay, ham tug‘ma oqsoq ekan. Bir oyoqi kalta shekilli...
— Keling, qardash, — deb nomigagina tutilgan shoh- devor yonida toʻxtadi u.
— Koʻrib turibsiz. bemahalga qoldik. Bir kecha qoʻnoq etasizmi, deb... — dedi aka pochcha, — chaqirib turganimiz.

Uning gapidan beshikchi xijolatlarga tushib ketdi: tavba, bu kishini kim aytadi shaharlik deb, koʻcha koʻrgan deb? Avval salom, ba’daz kalom, emasmi? Oʻzi quchog‘idagi bolakayni balandroq koʻtarib tavozu- landi:
— Assalomu alaykum, amaki. Biz-ku, har yerda tunab ketaveramiz, lekin manavi jujuq bor, buning ustiga oyog‘i lat yeb, azobga qoldi. Bir kecha ming kecha boʻlmas?..

Yuzini ilg‘ab boʻlmayotgan qoʻrg‘on egasi bolaning ahvolini eshitib, chetan eshikning tambasinimi, nimasini olishga shoshildi:
— Vaelaykum, vaelaykum, quday yetkazibdu — kiringtar-kiringtar, — deb oʻzi yoʻl boshlayverdi, kulbaga yaqinlashganda yana soʻrab qoʻydi, — uqtab qoptumu, tayshaq?
— Ozgina mizg‘idi. Falokat-da, otdan uchib, toʻpig‘ini chiqarib oldi. Shu qaytmayapti, — deb tushuntirdi beshikchi.
— Ay, sundaymu? Quday asrasun. Taylar qoqulub ot boʻlur-da, Qudayim oʻzimga joʻllabdi-da, — mezbon kutilmaganda soʻzamol, ham bolajon chiqib qolgan edi. U aka pochchaga otlarni qaerga qantarishu qaerdan yem olishni tayinlab, beshikchini yana ichkari boshlayverdi. — Qanu, qanu, opkeling-chu, samantayshaqnu bu yaruqqa.

Oʻzi pastak eshikdan daxlizga kirib, tokchadan qora chiroqni oldi-da, kulba ichkarisiga yuraverdi. Bu orada bola uyg‘onib ketgan, qaerga kelib qolishganini anglay olmay har yoqqa bir javdirar edi. Beshikchi uni kulba egasi koʻrsatgan yer — poʻstak koʻrpacha ustiga yotqizmoqchi edi, bola nimadandir qoʻrqib,uning boʻyniga yopishdi:
— Yoʻq, yoʻq, bu yerda qomiymiz, ketamiz. Buvimga ketaman, — u uyg‘onib boʻlib ham oʻsha yoʻldagi gapidan qolmayotgan edi, — uyimga oborib qoʻyila.
— Iy-y, jigit deganam jig‘laymu? Qanu ayoqtu bering-chu, uzating-chu. — Choʻnqayib ulgurgan chol qoʻlidagi chiroqni namat ustiga qoʻyib, toʻpiqqa bog‘langan belbog‘ni yechib edi, u qaytish oʻrniga doʻmbira boʻlib shishganini koʻrdilar.
— Ay, jigit-a! Ay, tayshag‘im-a! Sunga sunchalikmu? Hech nima qilmapti-ku. Davosi shoʻtta-ku, — deb u chiroqni koʻtarib, yana daxlizga chiqa boshladi. U har qadam tashlaganida oʻzidan katta, bahaybat soyasi dam shiftdan qochib, dam ulg‘ayar edi.

Koʻzlarini mushti ila ishqab, mishig‘-tupugiga belanib oʻtirgan bolakay chiroq jilishi bilan birdan yana beshikchining qoʻliyu tizzasiga yopishib qoldi-ku:
— Boʻldi, ketayluk? Qomayluk, jon amaki?— Ichkari kirib boʻlishganda uning harxashasi g‘alati edi.
— Oyog‘ing bu ahvolda... qaerga boramiz? Qoʻrqma, bu odam shunday silab-silab davolaydi, — Beshikchi uning kuraklarini silab, yupatishga urindi.

Ammo Yodgor deganlari tizzasiga battar yopishib, azza-bazza hoʻngrab berdi:
— Kerakmas: silamasin ham, qaramasin ham! Opoqbuvimga ketaman, uyimizga ketaman.

Beshikchi endi boʻg‘ziga bir narsa tiqilib, yupatar soʻzini ham yoʻqotgan edi:
— Uying qayoqda qoldi, bilasanmi? — dedi jahli chiqa boshlab. — Axir, yetib qoldik-ku, yetadigan jo-yimizga. Jindak sabr qilsang — buvangnikiga...

Bola endi uning tizzalariga shappalab, bosh chay-qab-chayqab yig‘lar:
— Keragamas menga buva! Qaytarib opketinglar: meni hech qanaqa buvam yoʻq, men Yodgor ham emasman, Akbarman! — deb uvvos solar edi.

Beshikchi endi uning boshini, kuraklarini silab ham, «hoy, toy bola, toychoq bola, eshit», deb ham yupata olmasdi. Bu yoqda, dahlizga chiqqan uy egasidan uyalib, xijolatlarga tushib ketyapti. Bular kim ekan, bola oʻg‘rilari ekanmi, deb oʻylamaydimi, axir?!

Chakkasini bir nima siqib kelib, bolani dast koʻtarib oladigandek, ikki tirsagidan mahkam tutdiyu oʻzini sekin silkiladi:
— Hov, bola! Yodgormurod oʻzimman, opoqbuvamni sog‘indim, degan kim edi?! — dedi shivirlab.
— Aldovdim... yolg‘on edi hammasi... — Bola qayta mishig‘-tupugiga belanib borar, oʻzi hiqillab qolgan, boshini tizzasidan uzib boʻlmasdi: shunaqa yopishib olibdi.
— Biznimi, devonanimi? — deya oldi beshikchi.
— Uniyam... silaniyam...

Beshikchi jim qolib, ichi sidirildi. Oʻzi sezmagan holda bolani bag‘riga torta boshlagan, boshini silay boshlagan edi.
— Nega, oʻg‘lim? Nega bunday qilding? — dedi sekin.

Bola ham uning bag‘riga singib borar ekan:
— Ketgim, qochib ketgim... keluvdi, — dedi oʻsha koʻyi hiqillab.
— Kimdan? Odam ham oʻz uyidan qochadimi, oʻg‘lim?— dedi beshikchi ovozi oʻzgara boshlab.

Bola javob bera oladigan holda emasdi, boshini tobora uning bag‘riga tiqar, javob oʻrniga ham:
— Ketayluk, ketayluk, — deb oʻtinar edi.

Bu orada uy egasi izlagan narsasini topdi shekilli, chiroq, chiroqqa qoʻshilib yorug‘ qayta boshladiyu beshikchi shoshildi:
— Yaxshi, avval oyog‘ingni koʻrsatayluk, keyin. Jindek chidaysan, xoʻp?

Bola koʻnib, bosh koʻtarguncha uy egasi — pakana oqsoq chol xitoy qog‘ozga oʻrog‘liq bir narsa koʻtarib ostona oshgan, yoʻlakay jilmayib kelar edi.

Beshikchi bolaning yelkasiga qoqdi:
— Qoʻy endi, boʻlar ish boʻpti. Avval oʻzing tuzalib ol-chi.

Shu payt kovshandozga qoqinib, pishillagancha eshikda aka pochcha koʻrindi.
— Qalay, toʻpiq joyida ekanmi? Egardan uchganiga shunchalik, ot tagida qolsa nima boʻlarkan? — deb kayfi chog‘ holda kirib kela boshladi.

Beshikchi unga oʻqrayib qoʻydi-yu, lekin sir boy bermay choldan soʻradi:
— Nima buniz, ot yog‘imi?
— Ha-da. Qani, jigit, men bir koʻray-chu. Tay baldar jig‘laydimu. Qoʻrqoq baldar jig‘laydu. — Chol pufakday shisha boshlagan toʻpiqni yoruqqa solib, avaylab ushlab koʻra boshladi. Soʻng: — Shashma-shashma, qoʻrquvdirgan jeri joʻq, qani, munday uzat-chu, yanada uzat-chu, — deb turib, kutilmaganda oyog‘ini bir burab tortgan edi, bola chinqirib yuborayozdi.
— Ana boʻldu, tushdu. Janung kirub uxlaysan endu. Ya haluyam og‘ruttumu? — dedi u bolaning boshini bag‘riga tortib qoʻyib.

Saritoy zirillab, nari surilishga urindi-yu, lekin shu barobar oyog‘ini qimirlatishdan hayiqib, uni ikki qoʻllab changallab olgan edi.
— Endi qoʻrqmu. Jig‘loq baldar uyimga ketamanlaydu. Sen qarab tur, ertaman chapqildab ketusen, — deb kaftidagi moyni iylashga tushdi.
— Uyga? Ol-a! — Uzun-uzun qoʻllarini yoniga shappalab, sharaqlab kulib berdi Aka pochcha. — Ha, opoqbuvangnikiga kepqolganda-ya!.. E, seni qara-yu.

Beshikchi qaddini rostladi.
— Bir erkaligi tutib aytdi-da, amakisi. Ertaga chopqillab ketsin, koʻrasiz. — U sirni andavalamoqqa urinardi-yu, lekin oʻzining ham ichidan qirindi oʻtib borar edi; «Hali biz Mirzahoji buvaga shunday «sovg‘a» olib ketayotirmizmi?..»

Xos Duo

Kechasi allamahalga dovur gaplashib oʻtirib edik. Soʻng ichkari uyga kirib, divanga yonboshlabmanu qotibman. Nazarimda, yarim soat ham uxlamovdimov. Oʻng yonim bilan yotib, shu yonim bilan turdim shekilli. Lekin rosa shirin tush koʻrayotgan ekanman: kennoyimni koʻrgani borgan emishmiz. Deraza oldida salomlashib turib edik. Men uning oyoqqa turganini koʻrib, bir yerlarga yetib ketyapman:
— Voy, tuzalib qopsiz-ku, em boʻlsa, shu-da. Hali oʻzingiz yurib chiqib ketasiz bu yerlardan, — deyman. Lekin kennoyim ochila qolmaydi, mahzun tortib, iymanib boryapti. Nimanidir aytolmayapti ham. Bir mahal qarasam, qoʻltig‘ida qoʻltiq tayoq!
— Voy, kesishdimi?! — deb yuboribman...

Qoʻrqib ketganimdan oʻzimga kelolmasdim. Turib tashqarilarga chiqib keldim. Yotib yana tush koʻra boshlabman. Ovozini juda aniq-taniq eshitardim:
— Yaxshiyam Siz borakansiz, qaynujonum, — derdi bu gal kennoyim, — mingdan ming rahmat, Yodgormurodumni olup ketupsiz! Uni oʻpub qoʻying! Xoʻp?..

Yo qudratingdan! Shunaqa ham aniq-taniq tush boʻladimi? Bor-yoʻg‘i, iltimosini ado etib, Yodgormurodni koʻzdan nariroq olib ketganimmi? Keyin-chi, bu yerdanam ilib ketishdi-ku, baribir. Nimadan belgi ber-yapti bu tush? Nimaga tabib toʻramning berganlari emiga tushmabdi? Tushuna olmasdim...

Bugun ishdan chiqiboq koʻrib kelishni oʻylab ishxonaga borsam, oyna ustida omonat xatcha turibdi. Yuragim shig‘ etdi: hamxonalarim yozib qoldirishadigan bunaqa xatchalarning koʻpini koʻrganman. Nari borsa, muharrirning yoʻqlovi yo topshirig‘i boʻlardi. Ammo buni koʻrib... etlarim jimirlab ketdi.

Xudo haqqi, qoʻrqibgina ochsam, mudirimizning yozuvi. (U kishi menga hech xat-pat qoldirmasdi. Har qanday oshig‘ich topshiriq boʻlsa betma-bet aytardi.) Bu gal yirik-yirik harflar bilan yozardi:

«Maqsudjon, qaerlarda yurasiz! Shifoxonadan chaqirishdi. Uchib borarkansiz. Bugun operatsia kuni ekan. Sizga juvob! Yordam kerak boʻlsa, aytarsiz. Abdulla akangiz».

Tushim yodimga tushib... ichim shuvillab ketdi. Nahot kennoyim?.. Tabibning dorusi-chi? Kor qilmabdimi? «Yodgormurodimni oʻpib qoʻying» degani shundan ekanmi?

Chiqdim. Xat qaerda qoldi, eshikni qayta yopdimmi-yoʻqmi, bilmayman. Katta koʻchaga tushib, duch kelgan mashinani toʻsdim.

Egasi chakkasiga oq oralagan, hiyla bosiq odam ekan, iltijomni eshitiboq bosh irg‘adi:
— Oʻtiring.

Balki mening kuyib ketganimni koʻrib, rozi boʻla qolgandir. Chindan men hozir kennoyimdan boʻlak narsani oʻylamasdim: «Tavba, Hizrday oq-oppoq qariyani tushlarida koʻrib, duosini tildan qoʻymay oʻtirgan odam... nechuk operatsiaga rozilik bera qolibdi? Yo biron kor-hol roʻy berdimikan?» Ichimni it tatalab, shayton xayolimni har yoqqa olib qochardi. Shofyor ham «ignaning ustida oʻtirganimni» koʻrib, mashinasini chorrahalardan epchillik bilan oʻtqazib borar, oʻzim esa, qaysi koʻchadan ketayotganimizni farqlamay qoʻygandim.
— Katta darvozasiga boravuramizmi? — dedi u bir mahal.

Men daf’atan anglamagan ekanman, keyin tushunib qoldim:
— Ha, ha, oʻsha yoqdan, — dedim, shu barobar xayolimda anuv «jonimni qoqay» xushroʻy ayol — eshikbon aya jonlandi. Axir kennoyimni qaerga olib ketishganini bilar-ku, u.

Shifoxona darvozasining biqinidagi moʻ’jazgina yoʻlagu dorbonxona koʻzimga olovdek koʻrinib ketdi. Yugurgilab chiqib borsam, oynavand yoʻlakning orqasida xushroʻy opaning oʻzi sarvdek boʻlib turibdi. U kishining oʻzi ham meni koʻrib, ichkaridan chiqib keldi:
— Voy, bormisiz, opovsi? Qaerga opketishganini bilasizmi?
— Qaerga?.. — dedim yutoqib.

U uzrxohlik bilan boqardi:
— Kecha biratoʻla ayta qolmaganimni qarang. Ovora boʻlib kelib oʻtirmasdiz. Kechasi bilan ich-etimni yeb chiqsam-a... Mashinangiz bormi?

Men bosh irg‘ab, tashqari qarab yuraverdim:
— Oʻzlari qandaylar, oʻzlari? Bugun koʻrdizmi oʻzi?
— Koʻrdim-koʻrdim,— dedi ovozi oʻzgarib.— Bag‘rim-ga bosib, shu tasalli beraman, deyman, qani bera olsam. Qaytaga oʻzi bardoshli ekan: «Xudo bor, opa, Oʻzu qoʻllaydu. Uning xohlagani boʻladu, biznikumas. Rahmat, yaxshiyam Siz borakansiz», deydi, alqaydi. Yig‘lab xayrlashdik. Oydek juvon... yarimta boʻlib qayt-sa-ya?..
— Nimaga birdan aynib qoldilar? Tuzzuk edilar-ku?
— Tuzzuk edi, opovsi, rangi-roʻyi ham ochilib borayatuvdi. Nima boʻldi-yu... doʻxtirlar chop-chop qilib qolishdi...
— Yo anuv opkelgan dorumni... ichmay qoʻydilarmi?

Opa bosh toʻlg‘adi:
— Yoʻq, ichgan sarim yengil tortyapman, deb oʻtiruvdi. Qolaversa, Siz bilganiz yoʻq, toʻramning oʻzlari kelib, koʻrib ketdilar.

Men sapchib tushdim!
— Qanday! Oʻzlari-ya? Birov bilan adashtirmayotirsizmi?

Miyam oʻqday ishlardi: «Yoki birov u kishining suvratida kelib... biron narsa berib ketdimikan?» Xayol qursin, ming yoqqa opqochardi.
— Voy, opovsi, u kishini taniyman-ku. Qolavursa, yuzlaridan nur yog‘ilib turibdi.
— Unda... qistagan kim, qoʻymagan kim? — dedim ichimga sig‘dirolmay.

Opa atrofga bezovta alanglab, qulog‘imga shivirladilar:
— Bosh vrachimiz ikki oyog‘ini bir etikka tiqib, kallam ketishini istamayman, konsilium qarorini buzmanglar, deb turvolganmish.

Hayron qoldim:
— Yo Toʻra buva kelganlaridan... choʻchib ketdimi?
— Bilmasam, ketidan keladigan g‘avg‘osiga tobim yoʻq, debdimish.

Kimdan qoʻrqyapti? Chaman akamdanmi yo idorasining nomidan? Boshqa gap yoʻqmikan?
— Chatoq boʻpti. Qaytaga endi eshitadi eshitadiganini! — dedim zinadan tusha boshlab.

Opa hushyor tortdi:
— Oʻziga kira qoling, haliyam boʻlsa.
— Yoʻq, endi foydasi yoʻq: g‘isht qolipdan koʻchib boʻpti. Qayoqqa opketishdi? — dedim.
— ToshMIning jarrohligiga, — dedi qaytaga battar tashvishga tushib. U menga tasalli bera olmayotganidan xijolatda — ich-etni yeb, ergashib kelardi.
— Mayli, rahmat, biz ketdik, balki ulgurarmiz.

Nazarimda, ulgurib operatsiani toʻxtata oladigandek edim.

Joʻnadik. Qaytaga, Opovsi opaning oʻzi xijolatda qoldi. Hamisha shunday boʻlgan: yaxshilik sog‘ingan kishilar iztirobda qolaverganlar. Biz burila boshlaganda, u temir darvoza oldida roʻmolining uchini tishlagancha mung‘ayib turar ekan, soʻnggi daqiqada qoʻlini ochib, yuziga tortdimi, tortmadimi — ilg‘amay qol-dim.

Borsak, allaqachon jarrohlik boʻlimiga opkirib ketishibdi. Oʻpkam boʻg‘zimga tiqilib, kirib boraverdim.
— Hay, hay, mulla aka, qayoqqa? Bu yoqqa mumkin emas, — deb bir hamshira azza-bazza qoʻllarini yozib, yoʻlimni toʻsib chiqdi. U oq-oppoq oxorli xalatu qalpoqchalar kiygan, englidanmi-qaerdan boshni aylantirayozgudek atrlar gurkirar edi. Oddiy boʻlsa ham koshki, yuziga qaraboq angladim: u yangi kelinchak edi.

Ochig‘i, uni bosib oʻtib keta olmadim.
— Mayli, beri keling, kelinposhsha, — deya shivirlab, chetga imladim.

U bu muomalamdan yuzlari duv qizarib, yana ham koʻhlik tortib ketdi. Ammo oʻzi boyagidan ancha tushgan edi.
— Aytavering, — dedi oʻng‘aysizlanib.
— Statsionardan... kasal opkelishdimi? Hozirgina?
— Ayol kishi edimi, opkirib ketishdi, — deb endi menga achinib qaradi. — Esiz, endi qoʻyishmaydi. Professorning oʻzlari shu yerdalar.
— Demak, kesishmoqchi? Shundaymi? — dedim ichim sidirilib.

Kelinchak menga haligidek achinab boqdi:
— Iloj qancha, boʻlmasa, asrab qolisholmaydi: qorason, axir!
— Qorason?!

Men xushim uchib, oʻzimni unutgan ekanman, hamshira zoʻr berib meni yupatardi:
— Siz qoʻrqmang, professorimizning qoʻllari yengil: qanchalarni qutqarib qolganlar...

Qulog‘imga shunga oʻxshash taskin-tasallinamo gaplar kirar ediyu oʻzim deraza rahiga suyanib qolgan edim. Shu holimga men bu soddadil kelinchakka nimaniyam tushuntira olardim. Oʻsha oyog‘i kesiladigan ayol ham uningdek bir mushfiqa ekanini, boshida hech kimi yoʻqligini qanday ayta olaman? Qolaversa, qarin- doshlaridan hech kim bu ishga rozilik bermaganini-chi? Tushuntirganimda ham bu hamshiraning qoʻlidan nima kelardi?..

Boʻshashib, shundoq deraza tagidagi oʻrindiqqa choʻka qoldim: Nima qilsam ekan? Xat kirgizsammi? Xatimga qarasharmidi? Yodgorga ovora boʻlguncha, oʻsha yoqqa chopmaymanmi! Toʻra buva kelganlarida men bormabman! Borsam, operatsiaga qoʻyarmidim! Endi Chaman akaga nima deyman? Akamga-chi?!

Kimdir ship-ship kela boshladi. Yoʻq, yoʻlakdamas. Shu yaqinda. Qarshimda toʻxtab edi, boyagidek atir gurkirab ketdi. Koʻzimni ochsam, chindan oʻsha kelinchak.
— Balki... boshlig‘imiz bilan... gaplashib koʻrarsiz. Huv, anuvi xonadalar, — dedi yolg‘iz oʻzimga eshitilarli qilib. Shundagina uning surma tortilgan koʻzlari kiyiknikidan ham ma’sum ekanini koʻrdim. Taklifi esa, undan ham goʻzal edi.

Darovqe, nega boʻshashyapman?! Meni kim aytadi muxbir deb? Qizil guvohnomam-chi? Shu yerda ish bermasa, qachon ish beradi?!.
— Bormisiz! Boyadan beri aytmaysizmi!

Men tura oʻsha xonaga intildim.
— Faqat meni aytdi, demaysiz, oʻldirishadi, — dedi kelinchak shivirlab.

Men oʻgirilib, boshim yerga tekkudek ta’zim qildim:
— Ishoning, miq etsam tilim... kesilsin...

Eshikni oʻzim ochdimmi, birovmi — bilolmay qoldim. Ostonada yuzini yoshligida chechak chakichlab ketgan barvasta odam turardi. Boshdan-oyoq oq-oppoq kiyingan kishi og‘ziga oq doka tuta-tuta chiqib kelmoqda edi. Biz sal qolsa, urilib ketarkanmiz.
— Jon doʻxtir aka, bir daqiqa, — deya bostirib kira boshlab edim, u oq tog‘dek boʻlib yoʻlimni toʻsdi. Og‘zidan oq matoni olib oʻtirmay:
— Mumkinmas. Oʻzim kech qolyapman, — deb g‘oʻldiradi.

Boʻsh kelsam, koʻkragi bilan turtib eshikdan chiqarib qoʻyadigan.
— Bugun sizlarda nodir operatsia borakan. Shunga kelib edik, — dedim soʻnggi imkoniyatimni ishga solib.

Boshliq garangsidi:
— Qanaqa-qanaqa?
— Nodir operatsia.
— U nima deganingiz?

Men boʻsh kelmadim:
— Ya’ni, qorason. Toʻg‘rimi?

U noiloj bir qadam chekindi:
— Xoʻsh, nima boʻpti?
— Shaxsan professorning oʻzlari qilyaptilar ekan.
— Toʻg‘ri, — dedi u hamon hech narsaga tushunolmay, lekin oq dokaning bog‘ichini qulog‘idan tushirib, rost-mana odamga oʻxshab gaplasha boshlagan edi. — Qaerdan boʻlamiz, deysiz?..

Men gazetaning nomini aytib, qizil guvohnomamni uzatdim:
— Mumkin boʻlsa, oʻsha operatsiaga qoʻysangiz. Bitta xalat topilar, axir?

Chechak izlari tundlashib, u bosh chayqadi:
— Afsuski, ruxsat berolmayman. Professor siz oʻylagancha emas.
— Qanday? — dedim garangsib.
— Sizga qoʻshib meni ham haydab chiqarishadi. Shuni istaysizmi?
— Unda... unda...
— Ilojingiz qancha. Shu xonada kutib turasiz. Soʻng epini qilsangiz, gaplashib olarsiz. Xoʻp, men ketdim.

U oq bog‘ichini tuta-tuta chiqib ketdi. Men miq etolmayin ham qolaverdim. Ana, yolg‘onning umri! Hatto qizil guvohnomam ish bermadi!.. Ol-a, endi nima qildim? Yoʻlakka chiqolmasam (toʻg‘risi, kelinchakning yuziga qanday qarayman?), pastga tushib ketaverishga g‘ururim yoʻl bermayapti. Ne-ne vazirliklarga kirib bora olgan odam... shu yerda yoʻl topa olmagan edim. Noiloj stulga choʻkdim. Bosh muharririmizning soʻzlari quloqlarim ostida jaranglar edi: «Bizning muxbirlar hech kimning kabulxonasida kutishga haqqi yoʻq. Hamma eshiklar unga ochiq. Kirolmadimi, tamom, gazetachi emas!» Emas, emas, emas.

Menga alam qilayotgani bu ham emasdi: shunday qoʻl choʻzsa yetgudek joyda turib, mana, yetib keldim, deb kennoyimga birrov koʻrinish berolmayotganim, og‘ir kunda tepasida boʻlolmaganim alam qilardi. Qolaversa, nima boʻlgan oʻzi? Nega kesishyapti? Shusiz mumkin emaskanmi?

Chidamay turib ketdimu betoqat kezina boshladim. Yuragim boʻg‘zimga tiqilib kelib, tars yorilay der edi.

Shu vaqt eshik ochilib, ostonada boyagi hamshira koʻrindi.
— Oʻtiribsizmi? — dedi u jilmayib. — Ketib qolmasakansiz. Xoʻp?
— Nima, biror yangilik bormi? — dedim entikib.

U shirin im qoqdi:
— Bor, bor, hali aytishadi.
— Hozir ayta qoling? — deb yalinib boraverdim.
— Ketmay turarkansiz, professor aytdilar.
— Professor?
— Ha, gazetaga yozadigan ish boʻlyapti ekan.
— Shoshmang, tushuntiribroq ayting.

Kelinchak yelkasini shirin qisib, qimtindi:
— Jindak sabr qiling — bilasiz.

Nafasim ichimga tushib ketdi: Nahot operatsia tugab, kesib ulgurishdi?! Professor nima bilan maqtanmoqchi? Kennoyimning ahvolini tasavvur etib, etlarim junjikib ketdi.

Kelinchak qaytayotib oʻgirildi.
— Siz suyunchini hozirlayvering, — dedi shipshib. Soʻng ichiga sig‘dirolmay aytdi-qoʻydi: — Kesishmaydigan boʻpti, bildiz.
— Voh. Olloh bor ekan-ku! — Men doʻppimni osmonga otadigan holga tushgan edim: — Nechuk?
— Arra olmabdi.
— Olmabdi? Olmaydi ham-da! Ana, men nima devdim?! — Men yangi boʻlgan jinnidek shovqinlab, quvnar edim!

Hamshira shoshib qoldi:
— Voy, kiring-kiring. Meni baloga qoldirasiz.

Shu vaqt yoʻlak oxirida uch-toʻrt oq xalatli kishilar koʻrinib, kelinchak battar oʻtinib-yalinishga tushdi:
— Ana oʻzlari, iltimos, kirib tura qoling.

Men ostonada turgancha ich-ichimdan yoqa ushlardim:

«Yo, tavba, bu qandayin moʻ’jiza? Arra olmaganmish!»

Men hamon garangsib turarkanman, oq xalatiyu bilagiga qadar kiydirib qoʻyishgan zangor yenglikkacha oʻziga yarashib tushgan professor yaqinlashib kela boshladi.
— Mana shu yigitni aytuvdim, — dedi boyagi chechak yuzli boshliq.

Professor yoqimli jilmaydi:
— Ayni vaqtida kepsiz. Hizr emasmisiz, mabodo?

Rost shekilli?! Men hayajonda unga qarab alpang-talpang qadam tashladim. U yigitlardek kaftini kaftimga urib koʻrisharkan, qoʻltig‘imdan olib ichkari boshladi.
— Men hammasini birma-bir aytib beraman. Ammo avvaldan kelishib olaylik: yozmaysiz. Yozmayman, deb soʻz berasiz, — dedi u.
— Nega? — Men quvonishimni ham, quvonmasimni ham bilmasdim.
— Chunki bu gazetalarda ovoza qiladigan ish emas. Bu — moʻ’jiza! — dedi u meni tong qoldirib. — Soʻz berasiz, a?
— Ayting, aytavering-chi, — dedim sir bermay.
— Yoʻq, mening boshim ikkitamas, oʻrtoq muxbir. Qolaversa, sizniki ham, — dedi u xonaga kirgan zahoti oʻzini divanga tashlab. Soʻng yarim yonboshlab oldi-da, qarshisidagi stulni koʻrsatib, oʻtiring, dedi. — Men umrim bino boʻlib, bunaqasini koʻrganamasman. Oʻlay agar. Yuzlab odamlarni operatsia qilganman. Oʻnlab oyoqlarni kesib tashlaganman. Lekin bunaqasi boʻlmagan.
— Qanaqasi? Mumkin boʻlsa, tushuntiribroq ayting, — dedim yaqinroq surilib.

Professor negadir labini jiyirdi, soʻng qaddini koʻtarib oʻtirdi:
— Rosti, dahriyroq boʻp ketganmizmi oʻzimiz ham...
— Xoʻsh, xoʻsh?..
— Bu juvonda bir gap bor. Hamma alomatlari aytib turibdi: qorasan boshlangan, kesmasa boʻlmaydi. Lekin qanday duo oʻqib qoʻygan, arra oyoqni olmayap- ti — pichoqni yo otib yuborib, yo sinib tushyapti.
— Tizzasi-chi, shish-chi? — dedim yutoqib.

Professor koʻzoynagini olib, aftimga tikildi:
— Siz... qaerdan bilasiz?

Men qovun tushirib qoʻyganimni anglab, yerga qaradim. Endi rostiga koʻchmasam boʻlmasdi:
— Oʻsha juvon — mening kennoyim boʻladilar.
— E, shunday demaysizmi?— Professor tepakalini silab, oʻziga keldi va orqasiga suyanib, qaytarib soʻradi.— Rostini ayting, tabibga qaratayotganmiding-lar?

Men uning yuziga qarayolmay bosh silkidim. U chuqur tin oldi:
— Aytuvdim-a, texnikaga nima jin urdi deb. Sizga ruxsat, xushiga keltiradigan xonaga olmaslaridan koʻ-rishingiz mumkin.

Men sakrab turib, eshikka yoʻnaldim. Professor xoʻrsindi:
— Faqat bir narsani aytmay ketib qolmang-a.
— Nimani? — dedim hayron qolib.
— Arra olmaganining boisini. Soʻrang-chi, qanaqa duo ekan?
— Albatta, albatta. — Yoʻlakka chiqsam, haligi xonadan toʻrt g‘ildirakli aravachada oq-oppoq choyshablarga oʻralgan biravni opchiqib kelishyapti. Yugurgilab bordim. Bir aniq baxtsizlikdan qutulib qolgan kennoyim yuzlari oqarib, oʻzini bilmay yotar, hatto sun’iy nafas yuboradigan apparatlarigacha olinmagan, koʻzlari ham yumuq, faqat mijjalarida ikki tomchi yoshmi — nima, yiltirar edi.
— Kennoyijon? — dedim men ich-ichimdan bir titroqqa tushib.

Ammo shu tobning oʻzida ikki hamshira ikki qoʻltig‘imdan olib, chetga tortdilar.
— Mumkin emas, siz kimlari boʻlasiz?

Men aytdim. Ular bosh chayqadilar:
— Xushlariga kelishlarini kutasiz.
— Kutaman, faqat boshlarida oʻltirishga ruxsat etsangiz bas, — dedim toʻliqib.
— Yaxshi, chaqiramiz.

Men shunga ham mingdan ming rozi edim. Asrga yaqinmi, allamahalda u hushiga kelib, koʻzini ochdi va ming shukrki, koʻz ochib meni koʻrdi.
— Xudoyimdan... intiqib-intiqib... soʻrab edum, yetub kebsuz... Soʻraganlarumnu... barchasinu ijobat et-du, — dedi juda ham past tovushda.
— Yetib keldim, yetib keldim. Ming qatla shukr, topib keldim, — dedim boʻzg‘imga soʻzlarim choʻg‘dek yopishib. Keyin engashib, men ham quloqlariga shivirladim: — Tuzalib chiqsangiz, menga ham oʻrgatib qoʻyasiz oʻsha duo-iltijolarni1.
— Xudo xohlasa,— dedi u oʻsha-oʻsha shikasta ovozda.

* * *

Kechga yaqin kutilmaganda kennoyimni palataga olishib, javob tegib qoldi. Katta doʻxtirlar statsionarga olib ketaverish mumkin, deyishibdi. Birpasda mashina yetib keldi. U kishini aravachada pastga olib tushib, joylab berishdi. Men yonlaridan bir qadam jilmay birga borayotganimdan yosh boladek boshim osmonda. Kennoyim undan xursand, undan mutaassir. Ikki gapining birida yaxshiyam siz borakansiz, yaxshiyam yetub kebsuz, deydi. Siznu qadamlariz, duolariz sharofatu bilanmu, Alloh ham qoʻllab yubordu, asradu, deydi.

Bunga sari men uni xursand etadigan, sevintirib-suyuntiradigan voqealardan soʻzlagim keladi, koʻnglini koʻtargum keladi:
— Bilasizmi, aytgan joylaringizga chiqdik. Kattabog‘ga, eski uylarimizga kirdik.
— Voy, shunaqamu? — U yotgan yerida bir yerga yetib termuldi: — Turgan ekanmu, topdingizmu?

Mashina allaqachon jilib ketganu men u kishining yonginalariga oʻtirib olib, (qaerdan ham boshlab qoʻydim, hali urintirib qoʻymasam edi!) ming xijolatu hayajonda oʻsha mahfuz xatlarni qanday topganimni soʻzlab boryapman. Ichimda, miridan sirigacha shartmidi, deyman. Oʻzimni toʻxtata olmayapman, tiya olmayapman:
— Turganakan, qarang. Jin ham urmabdi. Ammo shunday quruqshab ketibdiki, xazonday shaldiraydi. Aytgan joyizda ekan, ari inida...

U koʻzlari bir chaqnab ketib, yana allaqanday boʻ-shashdi.
— Allohga shukr, asragan Oʻziga shukr,— deya pichir-ladi, qaytib minnatdor tikildi.— Loy-tuproqqa qori-shib, birovlarning qoʻliga tushib ketmabdi, xayriyat.
— Ha, ha, — dedim men uni tinchlantirishga urinib. — Vaqtida borganakanmiz, surib yuborsalar, ke-yin topolmay yurarkanmiz.
— Sizga mingdan-ming rahmat, — dedi u.

Ammo men uni bu rahmatu tashakkurlardan chalg‘itgim, boshqa yangiliklar bilan xursand etgim kelardi:
— Qolaversa, Yodgormurod bir xaltacha topib oldi.
— Qanday dedungiz?
— Duxoba xaltacha ekan. Mimitdek. Ichida...
— Voy, ushatta ekanmu, u ohanrabolar?
— Oʻshatda ekan. Yodgor topdi.
— Uni qarang-a, oʻziga buyuribdimu? — dedi kennoyim entikib.

Shu vaqt mashina toʻxtab, hamshiralar g‘imirlab qoldilar. Yetib kelgan ekanmiz. U kishini tushira boshladik. Keyin aravachaga olib, yonlarida bora boshladim.
— Yaxshi topubsiz. Boʻlmasa, yomg‘ur-sellarda qolub nima boʻlardu, — dedi u bitiklarni yodga solib.
— Kelasi gal opkelaman, maylimi? — dedim men.

U bosh tebratdi (Oʻzi chayqadimi yo aravacha g‘ildirab borayotib, chayqalib ketdimi, anglolmay qoldim.)
— Turavursin. Shu ishonchluv.

Hayron qoldim. Xatni aytayaptimi, ohanrabo xaltachanimi? Qaytarib soʻrashga esa tilim bormasdi.
— Omonat boʻlibmi?.. — dedim axiyri.

Kennoyim im qoqib, bosh silkidi:
— Maylun, — dedi-yu, yana mutaassirlana boshlab, nigohini olib qochdi. Ovozi ham allaqanday titrab chiqa boshlagan edi. — Bir kun kelub... balki oʻzlariga topshirarsiz...

Mening ham xalqumimga bir narsalar tiqilib kelardi.
— Unday demang, yaxshi niyat qiling, kennoyijon,— dedim toʻliqib, — mana koʻrasiz, hammasi yaxshi boʻlib ketgay, — deb yonlaridan qolmay ergashaverdim. Biz oʻsha tanish yoʻlka, azim teraklar tagi bilan ketyapmiz-u, qulog‘im tagida bir narsa shovullaydi. Vaholanki, teraklar u qadar barg yozib ulgurmaganlar. Nima ekan, bilolmasam. Koʻzlarimni esa yosh qoplab boryapti, hech nima koʻrolmayotirman. Aravacha tutqichini ushlab olganmanu qoʻyib yubormayman.
— Ilohum, — dedi u.
— Mana, qarab turasiz, — dedim yana, — hech narsa koʻrmagandek boʻlib ketasiz.
— Ilohum, aytganiz kelsun. Yodgorumning baxtiga. Akanguzning baxtlariga.

Men bu soʻzlarni oʻz qulog‘im bilan eshitdimmi yo shunday tuyulib ketdimi — ajrata olmasdim.

Bu orada biz oʻsha oldi peshayvonli binoga yetib borgan, hamshiralar aravachani g‘ildiratib, allaqanday eshiklaru pastki yoʻlaklardan olib oʻtishar, men ergashib boraverishimni ham, hovlida qolishimni ham bilmasdim. Nihoyat, ular oʻrta yoʻlakka chiqib, oʻsha tanish kunjakdagi xona tomon keta boshlashdi-yu, men oʻzimga kelib, bu yaqin oradan bir telefon izlab qoldim. Men ishxonaga qoʻng‘iroq qilib, qaerdaligimni aytib qoʻyishim, zarur boʻlsa, yetib borishim kerak edi. Qilsam, mudirim bor ekanlar.
— Qalay, qutulib qoldingizmi? — dedilar.
— Qaytarib olib keldim, yaxshilar, — dedim.
— Unda kirib oʻtarsiz, biz shoʻttamiz, — dedi u kishi. Bildimki, borishim zarur.

Va’da qilib chiqsam, hamshiralar ham joylashtirib, aravachani olib chiqishyapti.

Izn soʻrab kirib bordim.

Kennoyim «oʻlan toʻshagi»da mening kirishimga intiq yotar edi. Koʻrishi ila minnatdor tikildi:
— Siz ham ishlarizdan qolub ketdungiz menu deb.
— Hechqisi yoʻq, muhimi, siz qutulib oldingiz, — dedim men. — Balki Toʻra buvaga oʻtib kelish lozimdir? Agar dorilaringiz qolmagan boʻlsa?..
— Yoʻq-yoʻq, tashvishlantirmang u kishini, dorularim hali bor, — dedi kennoyim.
— Nega, qaytaga xursand boʻladilar-ku, bu suyunchilikdan, — dedim.

Kennoyim bosh chayqadi.
— Undan koʻra, vaqt topolsangiz, ertami, indin-mi, — dedi u oʻtinib, ham koʻzlarimga moʻltirab, — toychog‘umni ola kelsangiz. —Kipriklarida yosh yiltirab, ovozi ham oʻzgarib borar edi. — Koʻrmaganumga ham qancha boʻldu.

Men kutilmaganda boʻshashib tushgan, mana, hozir kennoyim uchun jonu jahonimni berib yuborishga tayyor odam... endi nima deyarimni bilmay qolgan edim. Axir Yodgormurod qaerdaligini koshki aniq bilsam?! Ustiga ustak uni biznikidan olib ketishganini... koshki bu kishiga aytib boʻlsa?!

* * *

Yo rabbiy! Bugun qanday kun boʻldi?! Ertalab operatsia xabari bilan oʻpkamni qoʻltiqlab, bir enlik etdan tushgan edim. Kennoyimni Xudo asrab, shifoxonasiga joylab qaytsam, ish stolimga oʻtirmasimdan qoʻng‘iroq boʻlyapti.
— Maqsudjon, Sizga ekan, — dedi mudirim. — Bugun nima boʻldi, erta demay, kech demay, sizni soʻroqlab qolishdi?

Men chindan xavotirlanib gaplashgichni oldim.
— Allo, eshityapman, — dedim yuragim poʻkillab.

Sim ortidan ayol kishining muloyimdan muloyim ovozi kelardi:
— Maqsutxonmisiz?
— Ha, oʻzim.
— Oʻsha gazetada ishlaydurgon?..
— Oʻsha, oʻsha, — yuragim battar hapriqib kela boshlagan edi, dam oʻtkazmay soʻradim. — Kechirasiz, oʻziz kimsiz?
— Men Asal opangiz... uzr, kech boʻlsa ham bezovta etduk.

Ammo men bunday shirin ovoz egasini hech eslay olmasdim.
— Qaysi?.. — dedim uyatlu boʻlsa-da.
— Chaman akangizning... opalari-chi, kelgansiz-ku.

Iya, sim ham odamni shunchalar aldarkanmi? Ichimda shu oʻsha Asalmi, derdim-u, tilim aylana qolmasdi. Nihoyat, ming bir xijolat ila:
— Eshityapman. Tanidim-tanidim, — dedim. Nima boʻla qopti?! Oʻsha zahar-zaqqumoyning oʻzi sim qoqmasa? Yo kemshiktoy topilibdimikan?!
— Mumkin boʻlsa bir kelib-keting, jon uka, — dedi u kutilmaganda Xudoning zorini qilib.
— Aytavuring, aytavuring, nima boʻldi? — dedim yuragim chiqib.
— Akbarimizni bir qayoqlarga opketishayotgan ekan, Yodgor fahmlab. Tushunyapsizmi?.. Uni anuv kennoyingizni bolasi deb oʻylashib...
— Qaerdan oldingiz bu gapni? — deb yubordim. Bilasangiz, esim teskari boʻlib ketayozgan edi bu xabardan.
— Siz manavini koʻring, oʻqing...
— Nima u, ultimatummi?
— Ultimatumiz nimasi? — dedi u.
— Garovga olib, shart qoʻyishsa, yuborishadigan xat. Shundaymi?
— Yoʻq, unaqa gap yoʻq, yoʻldan joʻnatishibdi. Poʻchtada.
— Shunday demaysizmi, — dedim sal oʻzimga kelib. — Qaerdan tashlashibdi?
— Oʻshdan ekan.
— Oʻshdan?! Muhri shundaymi?
— Shunday.
— Unda qoʻrqmanglar, — deb taskin beraverdim, — tinchlik ekan.
— Siz shunday deysiz-da, oʻqib esimiz chiqib ketdi-ku.
— Nima deb yozibdi? — Darvoqe, men xatni koʻrgan-bilganday taskin berishimni-chi! Qaytarib soʻradim.— Jichcha oʻqing-chi.
— Oʻzi jindak.
— Unda hammasini oʻqiy qoling.
— Hozir, — u gaplashgichni qoʻyib, allaqayoqqa yoʻq boʻlib ketdi. Meni esa g‘am bosib kelardi: «Akbarni avrab olib ketganlar Yodgorning ham iziga tushmadilarmikan ishqilib?» Bu orada u qaytib keldi. — Mana, eshiting: «Yetib ma’lum boʻlsinkim, jilla qursa, bola tirik ekanidan xabar topinglar, deb shu xatchani joʻ-natyapmiz. Faqat qarg‘amangiz. Bular musofirchilikning toshdan qattiq noniga koʻnib-koʻnikolmay yurishganidan shuni ma’qul koʻrdik. Biz bolani buvasi- nikiga olib ketyapmiz. Eson boʻlsak, onasini ham yetkazgaymiz bir kun. Oʻsha Tangritog‘ga. Ollohdan sabr tilangiz... Xudoyberdi beshikchi».
— Kim?
— Beshikchi.
— Sizlar tarafda shunaqa odam... bormi? — dedim garangsib.
— Eslay olmayapmiz. Eshitmagan ekanmiz.
— Qiziq-ku, — dedim. Ular kim boʻlishi mumkin? Hech aqlim yetmasdi.
— Nima qilaylik? Ovoza qilmay oʻtiraturaylikmi yo... ertaga oʻziz kelasizmi?... — dedi oʻzini Akbar saritoyning onasiman, deb atayotgan ayol.

Men oʻzini sal taniyotgan boʻlsam-da, ovozini hech oʻxshata olmayotgan edim. Shunday boʻlsa-da:
— Sabr qiling, ertaga boraman. Hech kimga og‘iz ochmang. Eshitdiz-a? — deb tayinladim. Rostdan ham nega bormay? Saritoyni Yodgor fahmlab oʻg‘irlab ketishadiyu... yana onasi — aziz kennoyijonimni Tangritog‘ga olib ketmoqchi boʻlishadiyu... men yetib bormaymanmi?! Yaxshiyam, kennoyim shifoxonada! Boʻlmasa, naq oʻg‘irlab ketisharkan! Biz qoʻlimizni burnimizga tiqi-ib qolaverarkanmiz.
— Oʻlibman-da... — dedi Asal opa endi oʻziga oʻxshay boshlab. Uning zahar tili qichib kelayotganini koʻrib, men gapimni andavalay qoldim.
— Anuv Zokir badbaxt kelsa, deyman-da. Bilasiz-ku, uni, yoʻq yerdan hid oladi. Qorasini koʻrsatgani yoʻqmi ishqilib?
— Qayoqda! Oʻsha dab boʻlgancha ketib boryapti. — Shu vaqt unga kimdir nimadir dedi. Ayol kishining chalakam-chatti ovozi eshitilganday ham boʻldi. Asal opa «Xoʻp, xoʻp, aytaman», deya menga «yuzlandi»: — Darvoqe, Sizga omonat gap bor ekan, oyim aytyapti- lar.
— Omonat? — Men xushim boshimdan uchib, goʻyo oyog‘im ostida yer aylanmoqqa boshladi.
— Ha, Chaman akangizdan, — dedi u.

Ana, xolos! Shuncha borganimda indashmagan, endi aytishyaptimi? Uchini ham chiqarishmagan edi-ku?

Men simning u tomonida odam borligini ham unutib, «Nima ekan oʻsha omonat?», der edim oʻzimga oʻzim.

Mana shunisi hammasidan g‘alati edi.

Tangritog‘ Tomonlaridan Ayniy Boshlagan Ob-Havo...

Oftobga qarasam, u teatr binosi tomidan oshib oʻtib, kun peshinga yaqinlashib qopti. Biz ana shu muhtasham koshonaning shunday biqinida, koʻchaning berigi betidagi binoda oʻtiramiz. Derazamiz ham oʻsha favvorali maydonga qaragan. Maydonni gir oʻragan chinorlarning shohchalari endi boʻrtib kela boshlagan, qayrag‘ochlar hali boshidan qora roʻmolini olib ulgirmagan boʻlsalar-da, favvora ishlab ketgan, shuvillatib suv otib yotar, atrofida odamlar sollanib kezishni boshlagan edilar. Maydonchadagi gulzorlarda oq, sariq, pushti gullar yer bag‘irlab chandon ochila ketganlarki, tepadan bir chiroyli bahor kapalaklariga oʻxshab koʻrinardilar.

Koʻchada ham odamlar gavjumlashib, g‘imirlashib qopti. Demak, tushlik yaqin. Hamonki, Yodgormurodlarnikiga oʻtadigan boʻlsam, yoʻlakay qittak tamaddi qilib olganim ma’qul. Qaytgunimcha oshxonalar tim-tirs berkilmasa ham sovuq ovqatga kunim qolmasin. Hozir Toshkentda nima koʻp — quruvchi koʻp, har yurtdan kelganlar koʻp, bizning oshu kaboblarimiz tansiq. Har burchagu burilishda oshxona ochilib, doshqozonlar osilayotgani bilan oʻsha tansiq narsalar tugab, bir soatga yetmay choyxonalargacha huvillab qolyapti.
— Men surdim, — deb pastga tushib, koʻchani kesib oʻtayotsam, orqamdan birov chaqiryapti. Otimni aytsa ham mayli ekan, erkalab chaqiryapti:
— Hov, pakana pari!

Yalt etib oʻgirilib qarasam, koʻcha yoqasidaga qayrag‘och takkinasiga bir ajoyib xorij mashinasi sekinlab kelib toʻxtayapti. Jonivor ilonning og‘zidan chiqqandek yaltiraydi. Oʻsha kinolarda koʻradiganimiz — shamoldan tez, xayoldan uchqur qora «Volva». (Bunaqasi Toshkentda yagona boʻlsa ham ehtimol. Agar hukumatnikini hisobga olmasa!) Ichidan esa norg‘ul birov tusha boshlagan-u, men uni tanimayroq turar edim. Ovozi tanishdek eshitilgandi, lekin kim boʻlsa ekan? Shaharda hech kim meni bunday atamas edi-ku?!

U oʻgirilib, koʻz-koʻzga tushdi-yu, men shoshib qoldim. Nigohi juda ham tanish edi-yu, ammo oʻzini hech oʻxshatolmayotgan edim. Nahot shu — oʻsha qiltiriq Olim akam boʻlsa? U Sultonmurod akamga oʻxshab norg‘ul tortib ketgan edi. Yo Sultonmurod akamning oʻzimikan?!

Men sarosimada qolganimni koʻrib, u oʻsha yerdanoq mayin jilmaygancha quchoq ochib kela boshladi:
— Voy-voʻ, koʻrar kun bor ekan-ku! Topar kun bor ekan-ku sizlarniyam! Sen tanimasang, men tanidim. Men topdim! Borakansizlar-ku!
— Olim aka! Nahot oʻziz?!
— Oʻzim-da, jigargoʻsham, oʻzim!..

Men-da, quchoq ochib talpinib bordim-u, yoʻl oʻrtasidayoq quchoqlashib koʻrisha ketdik.
— Voy, uchratgan joyimni qara-ya! Qaerlardan izlamadim sizlarni, qaerdan surishtirmadim! Birov Farg‘onaga koʻchib ketishgan, deydi, birov qaytishgan. Borakansan-ku, jigargoʻsham, — deb quchog‘idan qoʻymay u peshonamdan oʻpar, yuzlarini yuzlarimga suykab, kuraklarimni silardi.

Men esa uning quchog‘ida bamisoli yoʻq boʻlib ketgan edim. Olim akam tog‘alarimdek shunaqa norg‘ul tortib ketibdi. Hatto chekka sochlariga oq oralab ulgurib, katta kishi nusxi urib ketibdi. Voh, shuncha suvlar oqib ketibdimi?
— Qaytganmiz, qaytganmiz, — dedim.
— Men ham qaytdim. Boʻlar shuncha tentiraganlarim, dunyo kezganlarim, — dedi u ham, — endi odamga oʻxshab yashay men ham. Sog‘indim oʻzimiznikilarni, — derdi u, menga tikilib toʻymasdi. Hali bag‘riga tortadi, hali peshonamdan oʻpib qoʻyadi.
— Uni qara-ya, «Hizr»ni yoʻqlasam boʻlarkan. Koʻng-limdan oʻtishing ila yoʻlimni kesib chiqib turibsan. Oʻtir, ketdik, — deb qistashga tushdi u.
— Qayoqqa? — dedim beixtiyor.

Qolaversa, u juda bemavrid yoʻliqqan, qistalang paytda uchragan edi. Men yoʻlakay biron joyda tushlik qilib olib, Saritoylarnikiga oʻtmoqchi edim. Va’dam bor...
— Qayoqqa desang, men tayyorman. Ozod qushman. Faqat sen imo bersang, bas.

Biz bu dunyoning erka kiyigi «Volva»ga oʻtirvolganmiz, qayoqqa desam, oʻsha yoqqa haydaydigan. Ammo men oʻsha yoqni aytolmay turibman, niyatu va’damdan kecholmay turibman.
— Shu kechqurun biznikiga keta qolsak-chi, oyim ham boshlari osmonga yetar edi, — dedim.
— U endi qochmaydi. Hozirgisidan gapir. Yaxshisi. hozir bir yetga oʻtamiz. Bir otamlashayluk, — deb u mashinasiga oʻt oldira boshladi. Shunda ham koʻzimdan koʻzini uzmay rizoligimni kutar edi.

Men esam uni Xudo yetkazganidan suyunish oʻrniga imillardim. U bilan Yodgormurodlarnikiga borgim yoʻq. Ishqilib, Kalkovuz boʻyidagi oʻsha hovliga yaqinlashtirmasam deyman. Akamga aloqador odamlarni bilmagani ma’quldek.
— Ozgina tamaddi qilib olib, oʻtadigan joyim bor edi, — dedim axiyri.
— Yaxshi, hammasiga ham ulguramiz. Avval biron bahavoroq joyga boraylik, soʻng tashlab qoʻyaman. Bunga nima, choʻtmi? — dedi tulporiga ishora qilib.
— Shunday-ku, lekin... qanday tushuntirsam... — deb mijg‘ovlana boshlab edim;
— Agar men bilan boshlashib borishing lozim boʻlmasa... oʻzing oʻtaverasan. Yoki birga tamaddi qilging ham yoʻqmi? — dedi u hech og‘rinmay.

Haligi xayollarga borganimdan uyalib ketdim.
— Yoʻq, nega? Qani edi tulporingiz oʻsha jin koʻchalarga kirib borolsa! Jon derdim-ku!
— Ketdik, ketdik. Oʻychi oʻylaguncha, tavakkalchining ishi bitibdi.

Eshikni yopib, orqaga suyansam, deng... voh, oʻrindiq degani shunchalar yumshoq-rohatijon boʻladimi! Ang-tang qolibman. Bunaqa rohatni umrim bino boʻlib, kuyovlik chimildig‘iga kirganda toʻrt qavat duxoba koʻrpacha ustiga choʻkib ham tuymagan edim. Shunaqa mayin, ham yumshoq, soʻng bir ajoyib iforlar gurkirab kelar ediki...

Olamda shunday ujmohlar boʻlar ekanmi, deb alang-lar ekanman, u ohista jildi. Jildi nimasi, turgan yeridan xuddi suvda suzgandek suzib chiqib, koʻcha oʻrtasiga tushib oldi-da, shuvillab keta boshladi.
— Zoʻr-ku, biznikilar buning oldida qaldiroq arava ekan-ku,— dedim akamga.— Biz soʻkkan kapitalizm-ning mevasimi shu?
— Sen bu «qoʻg‘irchoq»lariga mahliyo boʻlma. Orqasidan keladigani yomon, — dedi akam negadir qoʻl siltab.
— Oʻzingiz-chi, opkepsiz-ku?

U menga qarab qoʻymayin ham burnini jiyirdi:
— Havas qiladiganmas ularning hayoti. Yegani oldida, yemagani orqasida boʻlgani bilan... ertasi voy.

Men tushunmadim:
— Qanday qilib?
— Olloh bularning bu dunyosinigina bergan... u dunyosini bilsami, uvvos solib yig‘lardi hammasi.
— Yoʻg‘-e.
— Hammasi oxiratidan bexabar. Oxiratini oʻylasa, zakotu sadaqani ham bilardi. Dunyo toʻla och-nahorlar. Lekin oʻshalarga bir miri ilinsin-chi! He, yoʻq, ularning falsafasi — yashab qolish, boshqalar ezilib oʻlib ketmaydimi!..

Olim aka yo tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketgan, yo meni sinash uchun aytayotgandek edi bu gaplarni. Oʻzi-chi? Oʻzi oʻsha narsani minib yuripti-ku, yana bu dunyo matohlarini mensimaganday soʻkishi g‘alati. Oʻzi qaysi boyvachchadan kam?! Boʻzsuvda, akasining qarorgohida nimalar qilib yurib edi, (necha yil yoʻq boʻlib ketib!) endi oxirat haqida gap sotib qopti?! Ustamonlik ham evi bilan-da! Qoʻyib bersa, muftiylik sallasini oʻrab amru ma’ruf qilmoqchi.

Men mashinasiga chiqqanimdan pushmonda edim: qani endi bir moʻ’jiza roʻy berib, koʻcha oʻrtasida oʻchib qolsa-yu, ishim zarurligini bahona qilib, surib yuborsam...

Qayoqda! «Volva» katta yoʻldan shuvillab boryapti, qilt etsa qani! Boshqalar shamoliga ham yetolmay qolib ketyapti. Goʻyo bu g‘ildiragini ichiga tortib olganu yoʻldan toʻrt enlik koʻtarilib olib, uchib borayotgandek.
— Baribir tan berish kerak, biz hali-veri yetolmaymiz ularga!— dedim men besh ketganimni yashirmay.

Olim akam mening g‘oʻrligimdanmi, nimadan ilja-yib qoʻydi. Goʻyo sen nimani ham bilarding, deganday.
— Oʻksishingga arzimaydi! Ular yetgan joyga biz ham yetarmiz, lekin bizda boriga ular yetolmaslar!
— Tushunmadim...

U xoʻrsindi:
— Bizdagi oqibat, muruvvatpeshalikning urvog‘ini topsalar, doʻppilarini osmonga otar edilar. Afsuski, u yerlarda mushuk ham bekorga oftobga chiqmaydi. Bilding?
— Oʻsha yerda ham Xudo taolo deydiganlar bordir, axir?
— Bor, lekin oqibat oʻziga yarasha, bizdagiga qiyoslabam boʻlmaydi.
— Bu yoqdan oʻtib borganlar-chi? Axir bir vaqtlar ozmuncha odam... — dedim.
— Hijrat qilib ketganlarni aytasan-da? Ular alohida olam. Kerak boʻlsa, jonlarini fido qilib yuborishadi. Men anuv oʻzlarini dunyoning ustuni hisoblab yurganlarni aytyapman. Asli Olloh ularni dunyoga sochib, toʻzitib qoʻyibdi-yu, anglab yetgilari kelmaydi. Oʻz aqllariga mahliyolar: manavinaqa ilonning og‘- zidan chiqqandek mashinalar, kemalar, uchoqlar yaratolganliklaridan oʻzlarini unutib qoʻyganlar. Vaholanki, insonga hardal urug‘icha ham ilm berilgan- mas...
— Biz qayoqqa ketyapmiz? — dedim birdan atrofga alanglab. Qarasam, Xadraning chorrahasidan oʻtib borayapmiz.
— Qaerga boʻlardi, «JAR»ga-da. Ovqatning doda-xoʻjasi oʻshatta-da. Oʻshanaqasi boradigan yeringga tashlab qoʻyaman. Xasti Imomga borasanmi? — dedi Olim akam labining chetida jilmayib.

Men yoqa ushladim: «Xasti Imom tomongaligini qayoqdan bila qoldi? Kimnikigaligini ham bilar balki?»
— Biz kirolmaydigan jin koʻchalar yana qaerda qopti? Hammasi buzilib boʻpti-ku, — dedi u.

Men oʻzimning anqovligimdan oʻzi zil ketib, gapni burdim:
— Ishqilib, oʻziz markazroqda turibsizmi? Gʻirotingiz bunaqaligiga yarasha?
— Menmi? — dedi u yalt etib qarab. — Aytmadimmi hali? Oʻsha ishxonangga yaqin yerdaman. Hukumatti uylari bor-ku. Oʻtganmisan hech?
— Yoʻlim tushganicha yoʻq, — dedim tan berib. (Oʻshatdanki, joy olgan boʻlsa, demak, xizmatni qilib qoʻygan ekan-da? Obbo, anoyi-ey, yana oxiratdan gap sotadi!).
— Oʻsha Tuproqqoʻrg‘onning orqasida. «Qush uchib oʻtolmaydigan» joylar bor. Shunday pastimizdan anhor oqib yotibdi.
— Anhor yoqasi boʻlsa, yomonamaskan, — dedim ichimdagini qult yutib. Ichimda esa, boshqa narsa g‘imirsilayapti: oʻzi zodagonlarning qavatiga joylashib op-ti-yu, yana kimlarni soʻkyapti?!
— Sen bir kun ishdan chiqadigan vaqtingni aytsang, men kutib olardim: bir otamlashardik. Keyin xolamlarni, kelinni opkelasan. Bordi-keldi qilamiz. Odam odamga g‘animat,— dedi u yana ham yaqin olib.
— Xudo xohlasa, — dedim manzirat fahmlab, — mavridi ham kepqolar.
— Yoʻq, chindan aytayapman: bordi-keldi qilaylik. Bu dunyoning ziynati shu-da. Qolaversa, payg‘ambarimiz aytganlar: qarindoshlar bilan orani yaxshilang, deb. Shuncha uzilishib ketganimiz yetar. Hali Nusrat pochchanikiga topib borolganimcha yoʻq. Qoʻldosh tog‘amlaru kenja tog‘amizni, bir-biridan aziz xolalarimni koʻrgim, duolarini olgim keladi. Istasang birgalashib oʻtardik. Zilzila boʻlib, hammalari har yoqqa toʻzib ketishibdi. Topishib yuborsang, xoʻb savobga qolarding-da.

Olim akam ayni damdagina shunaqa kayfiyatdamidi yo chindanam sog‘inganmi, hech ajratolmasdim. Olloh oʻzi kechirsin. Koʻnglimga bir-biridan shubhali gumonlar oralab, aylanib-aylalanib kelyaptiki: odatdagi tilyog‘lamaligi emasmikan, deyman va shu zahoti bu fikrni kallamdan quvib solaman: Asta’firulloh, asta’firulloh, qanaqa odammiz oʻzi? Shayton yetoviga tushib qolmaganmizmi mabodo? Birov sidqidil yuragini yorsayu biz qayoqdagi gumonlarga borib yursak?!
— Nega boshlab bormaskanman, bir og‘iz soʻzingiz... — dedim ich-ichimdan chiqarib.
— Rahmat, ukaginam, — u rulda oʻtirgan yerida qayrilib yelkamga qoqib qoʻydi. — Shunaqa deyishingni bilardim. Soʻzimni yerga tashlamasligingni, chaqirsamoq uchib kelishingni bilardim. Rahmat, sen oʻzi bir boʻlakchasan. Zoʻrsan, pakana pari.
— Judaya unchalikmas, qoʻying, — dedim xijolatlarga botib.
— Yoʻq, behazil. Endi chin aka-uka boʻlamiz. Maqsud. Axir xolam kimlar bizga? Onadek gap...

Kap-katta, salobatli odam oʻzini bunday kichkina olib, iltijo etib tursa... g‘alati boʻlib ketdim. Mutaassirlanib, ichim allatovur tovlanib, qaradim. Boyagi g‘ashliklarning urvog‘i ham qolmagan edi:
— Sekinroq aytasizmi,— dedim iyib kelib,— bor davlatimiz shular-ku — xolalarimiz, tog‘alarimiz-ku.
— Nimasini aytasan! Qadrlariga yetmay qayoqlarda yuribmiz, nimalarga ovoramiz?! — U pushmonini yashirmay bosh chayqay-chayqay tizzasiga shappalab qoʻyar- di, — kim kunda, kun ora kirib xabar olibdi, ziyorat etibdi, duolarini olib qolibdi — oʻsha chin yutuqqa erishibdi! Odamdan qoladigani shu-ku. Biz nima qila olibmiz?

Shu holatda mashinani tepada qoldirib, «JAR»ga tusha ketdik. Pastga qadar aylanib tushib borgan jin koʻchaning qay bir qayrilishidagi yakka tavaqali koʻk eshikning yoʻlagidan oʻtib, kaftdek hovlining bir chekkasidagi supada ikkitadan jigar kabobu bir talinkadan xasip yedik. Men koʻpdan bunday tansiq taom yemaganimni shunda esladim. Oʻzimizam ovroʻpacha oshxonalarda pishirlgan sovuqmijoz narsalarga koʻnikib ketib, chimtomoq boʻlib qolibmizmi, bundan ortig‘iga yaramadim. Ammo ta’mi og‘zimda qoldi. Kimsan, muxbir boʻlib ham shunaqa joylar borligini bilmas ekanmiz. Bu yerda hatto ovrupocha kiyingan, (dunyoning teskariligini koʻring!) ayollari sirib shim kiyvolib, erlari xalitdan tizzasi ochiq kalta bir narsaga oʻtgan xorijliklar chug‘irlab yurishar, bu tuproq tomli pastak uylarning sodda-toʻpori egalari shunaqa lazzatli taomlar tayyorlay olishlariga besh ketib, ular turadigan mazgillar, bu tik koʻchalaru tor yoʻlaklarni, soʻri ostidagi supachalarni, norin tog‘oralaru xasip solingan qozonlarni suratga olib charchamas edilar. Qay birlari bu tansiq narsalardan koʻproq yeb qoʻyganmi, yuqorilab ketgan aylanma yoʻldan koʻtarilolmay mishillab qolgan edilar.
— Ochopat xayitda oʻladi, degani shu-da. Bular nafsidan boʻlak nimani biladi? — dedi Olim akam ijir-g‘anib.
— Tansiq-da, bular uchun. Ekzotika qidirib kelishgan axir, — dedim men. — Boshqa nima g‘amlari bor?!
— Gʻamlari shu-da, dunyoning lazzati. Olloh ham niyatga qarab beradi, — dedi u.
— Nimani? — dedim uni anglay olmay.
— Bu dunyosini-da. Oxiratini oʻylarmidi bular.

Hayratangiz hol: akam ilgarigi Olim emas, birov uni almashtirib qoʻygandek edi. Fikri ham boshqacha, qarashi ham. Biz oʻlsak ham bunday deya olmaymiz. Lekin akam oʻylab oʻtirmay aytib tashlayapti. Nima bu? Dunyo koʻrgani alomatimi yo atay oʻzini menga koʻrsatib qoʻymoqchimi? Tushunolmadim. Nimadan ijirg‘anyapti? Badnafsliklaridanmi yo qadamlari shu yergacha yetib kelganidanmi?
— Biz yurtimizni qizg‘anishni ham unutib qoʻyayapmiz shekilli. Oʻtir, tashlab qoʻyaman. Ishingni ham bitirib ketaqol, — dedi u tepaga chiqib.
— Vaqtiz... — dedim xijolatga tushib.
— Vaqt nima! Mashinaga besh minutli yoʻl. Agar ishing tezroq bitsa, kutib turishim ham mumkin, behazil, — dedi u.
— Yoʻq, rahmat. Oʻtadigan joylarim, gaplashadigan kishilarim bor, ushlanib qolamiz, — dedim shosha-pisha. Ochig‘i, Chaman akaning uyini unga koʻrsatgim yoʻq. Bilib boʻladimi!
— Oʻzing bilasan,— dedi u tulporini jildirib.— Ammo ertaga bir vaqt ajratsang: anuv Ilhom sutchinikiga oʻtib kelardik. Adam rahmatlining qarz salomlari bor. Surishtirib qoʻyarsan?
— Surishtirishga-ku, surishtiraman, lekin ertagacha topib boʻlarmikan? Yong‘iz odam... qayoqqa koʻchdi, kimning qavatiga bordi? — dedim rostiga koʻchib.
— Nima, bola-chaqasi yoʻq, soʻqqaboshmikan? — dedi akam bir g‘alati hayratga tushib. U yalt etib qaraganidan sezdim, boʻlmasa e’tibor bermayotib edim.
— Bor, deb eshitganman. Lekin bordi-keldi qilishmas ekan.
— Qiziq-ku?! Issiq-sovug‘i-chi, kim qaraydi ekan? Shunday odam bilan yuzkoʻrmas boʻp ketishmagandir, axir?
— Bilmadim, biz esimizni tanibmizki, sutchilik qilib, yolg‘iz turadi.
— Tarki dunyo qilganmi yo? — dedi Olim akam ishonqiramay. Nimaga bu odamga qiziqib qoldi — tushunolmasdim.
— Darvesh boʻlib... darvesh emas. Faqat qanaqadir odamoviroq.
— Gʻalati, — deb taajjublandi akam, ammo qaytib boshqa soʻramay qoʻya qoldi. Iymandimi yo boshqa gap bormi, bilolmadim. Sag‘bondan oʻtib, Xasti Imomga burilgunimizcha ham jim bordi. Men esam endi uni gapga solishga jur’at etolmay, bu qadar uzoq sukutga ketganidan xavfsirab oʻtirardim. Tushunuksiz bor hol: qarz salomini yetkazadigan odamni shunchalik surishtirish zarur ekanmi?
— Har ehtimolga qarshi manavini opqoʻy, — dedi u nihoyat jimitdek mezbonqog‘oz uzatib. — Qoʻng‘iroqlasharmiz, boʻptimi?
— Yaxshi, ishlarimdan qutulishim bilan qilaman,— dedim maydonga yaqin joyda tushib qolayotib.
— Uyda boʻlmasam, ishxonamdan topasan. Tortinmay soʻrayver, — dedi u.

Demak, ishlaydi. Uzilishib ketmagan ilgarigi xizmatidan. Sutchini zoʻr berib surishtirishi ham bejizmas.
— Yaxshi, — u haqda yana yomon xayolga bora boshlaganimdan xijolatga tushib, mashina eshigini tez yopaqoldim.

U jilmayibgina im qoqdiyu zig‘ircha ham shubhaga bormay joʻnab ketdi. Men uyalib qolaverdim. Eng yomo-ni — oʻzimga taskin beradigan soʻz topolmasdim. Dunyoda birov haqda yomon fikrga borishdan yomoni yoʻq ekan, tavba.

Lekin Olloh oʻzi kechirsin, boshiga shuncha tashvishu koʻrgiliklar tushib turgan bu xonadonni, uning egalarini har kimga ma’lum qilib ham boʻlmasdi-da. Qolaversa, Chaman akamni Olim akam tanimasa ham mayli ekan...

Bir chiroyli tarab qoʻyilgan toklar tekis shoʻralay boshlabdi. Oldi (kungay tomonlari) bir ajo- yib — jimit barglar yozib oftob nurini ema ketganlar.

Koʻklam ishkomlar ustiga koʻk yopinchig‘ini yopish harakatiga tushgan boʻlsa-da, hov — tepadagi ovloq hovuzning gir atrofiga saflangan qora tollar allaqachon orolanib, shamolda chayqalib yotibdilar. Faqat hovuz jonivor necha yildirki, suv koʻrmagan. Ariqlarni tozalab, suv ochib kelguvchi kimsaning oʻzi yoʻq, Chaman akam oʻsha ketgancha bedarak. Yana qanaqa omonat qoldiribdi ekan menga? Oʻsha kelganida beraversa boʻlmas ekanmi? Yo shunday tayinlaganmi oʻzi?

Soʻri tagida toʻxtab, chaqirganimdan soʻnggina ichkaridan sarvdek boʻlib opasi chiqib keldi. U uzun sariq atlas koʻylakda edi, taqimiga tushib turgan yoʻg‘on ikki oʻrim sochi undan-da boʻychan koʻrsatardi uni.
— Keling, keldizmi? — dedi u tang‘igan roʻmolini peshonasiga tushiribroq oʻrab. Mulozamat — ayol kishining koʻrki-da, qarang, unga ham yarashayotib edi. Faqat hamisha chirsillab, yuzidan zahar tomib turguvchi bu ayoldagi oʻzgarish — tushunuksiz edi. Chindan asrandisiga achinyaptimikan? Borida turtkilab bir yerga yetarkan, endi qadri oʻtibdimi?

Men salom berib, yaqinlashib bordim. Ammo ich-ichimdan hayiqib turibman.
— Yaxshi oʻtiribsizlarmi, xolamoyim bardam-baquvvatmilar? — dedim choʻchibgina.

Bilib boʻladimi, bu zaqqumoyni? Chindan ham uning zuluk qoshlari chimirilib tushdi.
— Anuv tentiraganning yurishini koʻrmaysizmi? — dedi boshlamasiga.
— Kim? — debman anglab-anglamay.
— Hamisha shu! Bir ketsa — badar ketadi! Na uyini oʻylaydi, na joyini. Bilmadim, oyim koʻchaga tuqqanmilar uni!..

Tushundim! Chaman akamni yanib boryapti. Yanigandayam oyisiga eshittirib, uzib-uzib oladigan qilib sannab boryapti. Sal bundayroq aytaversa, boyaqishni ayasa boʻladi-ku, yoʻq, fe’li shunaqa, albatta, nishini birovga suqib turishi kerak!..

Meniyam ichimdan bir narsa toshib kela boshladi:
— Meni shunga chaqirganmisiz? — dedim ergashishdan toʻxtab.

U xushi uchib qayrildiyu avzoyimni koʻrib (qarasa, burilib ketvorishdan ham toymayman!) yumshadi, yuziga binoyi odamlik siyohi yugurdi:
— Voy, ma’qib turibsiz, kelavurmaysizmi?

Men ham «oʻzizzi gapizzi qarang, zardangizni qarang!», deganday chimirildim.

U qoʻl silkidi:
— Men qoʻyavering, e’tibor qilmang. Azbaroyi toʻyib ketganimdan aytaman-da, — deb yorildi. — Ilgari qanaqa edim, xoʻ... bilmaysiz. Hammasi anuv shoʻrtumshug‘imdan boshlandi. Boʻlmasa, yuruvdim sannab-sannab, gar-gar kekirib... Hech kimga soʻz bermay. Ba’zan zaharimni sochib, ba’zan nazarimga ilmay. Bu turmush deganlarigayam tupurib... Shu bola shunaqqib ketdiyu... — U endi yonimga tushib olib, dardi dunyosini toʻkib borardi, — men uni «Ha, arazladi-da, bir», deb oʻtiribman. U boʻlsa, nima qilib ketibdi!..
— Nima qilib ketibdi? — dedim men oʻgirilib.

U toʻxtab, hamma gap shunda-da, deganday im qoqdi:
— «Groy»lik qip ketibdilar, oʻzlaricha.
— Yoʻg‘-e, — dedim ishonolmay.

U yaqin kelib qulog‘imga bir narsa demoqchi boʻlib edi, yalpiz hidi gurkirab ketib, uning boʻyiga esim og‘di. (Qulog‘ida yo koʻksida ekanmi, yalpiz jonivor, bilolmadim). U shipshidi:
— Oyimlarga aytib oʻtirmang-u... anuv, baloga yoʻliqqurginaning Yodgorini qidirib kelganlar shunga yoʻliqqan chiqadi. Boʻlmasa, men Yodgorman deb ketvoradimi? — U nari chekilib, yana yalpiz hidi gurkiradi. Uning boʻyi shunaqa tansiq, shunaqa toza ediki, dimog‘izga urilishidan odam oʻzini yoʻqotib, olamni unutar edi.
— Oʻz koʻngillarida meni bir kuydirmoqchi boʻlganlar-da.
— Yoʻg‘-e, bola-ku, hali. Qolaversa, qaysi bola onasiga yomonlik sog‘inadi, — dedimu tilimni tishlab qoldim. Men oʻzim sezmay qovun tushirib qoʻygan edim, orqasidan siporishlashga urindim: — Shoshmang, bu gapni... qaerdan oldingiz?
— Qaysi, Yodgorman deb ketvorganinimi? Koʻchovzadigilardan-da. Bolalarni oʻrtasida gap yotarmidi, — keyin men tomon engashib, shivirladi: — Oyimlarga bildirmay qoʻyaqoling, keyinam nechtasi soʻroqlab kelib-ketdi.
— Nechtasi? Kimni soʻroqlaydi? — Tushuna qolmasdim men.
— Oʻsha kennoyizni arzandasini-da, kimni boʻlardi.

Yuragim shuv etdi:
— Qaerdan is ola qolishibdi?
— Bilmasam...

Biz yuqoriga qarab yuraverdik, lekin mening ichim g‘urmishlagandan g‘urmishlab boryapti.
— Nima istaydilar? Aytmaganingizga qoʻyishmayaptimi? — dedim qoʻrqa-pisa.

Asal opaning qoshlari chimirildi:
— Siz menga oson tutmang, opovsi, — dedi fe’li ayniy boshlab, — oʻzimniki yetmaganday, unikiga ham kuyishim kerakmi? Dalaga opketishgan, dedim.
— Bekor qilibsiz shuni, — dedim og‘rinibgina.

U yalt etib oʻgirildi:
— Nima, topib borishdimi?— dedi sarosimalanib.
— Shunga oʻxshashroq, — dedim mavhum qilib, asli oʻshalarmi, boshqalarmi — bilmasdim. — Necha kishi edilar?
— Kim?
— Oʻsha kelganlar-da.
— Ha, ularmi? Bittasi aniq esimda: juda poʻrim kiyinib opti-yu, oʻzi chetda turibdi. Qolganlari bozorning bolalari edi shekilli.
— Qiziq, — dedim men, — qaerdan bila qoldiz?
— Tilidan-de, shu oʻzimizni Toshkanni «votti-votti» bollari.
— Shu xolosmi?
— Tag‘in bittasi kelganmish sambitdek yigitcha men yoʻg‘imda. Oyim biladilar.
— Qaerdanligini aytishmadimi? — dedim ichim toshib.
— Ijroqoʻmdanmiz, debdi shekilli.

Ichim shuv-v etdi: Aniq oʻshalar! Oʻz idorasining nomi qolib, ijroqoʻm soyasida yurguvchilar! Qolaversa, bu sochi uzun — aqli kaltalarga hech zamonda toʻg‘risini aytarkanmi?! Boshqa kim ham boʻlishi mumkin?

Birdan ichkariga kirmayin ham... ketvorgim kelib ketdi! Hali biznikiga borganlar ham shularga tegishli chiqmasa edi?!

Ichim g‘urmishlab, Asal opaning yuziga termul- dim:
— Har gal yolg‘iz kelarmidi?

U dabdurustdan tushunmadi:
— Kimni aytasiz?
— Oʻsha ijroqumni bolasi-da.
— Ha, yoʻq. Oʻzi ikki martagina kelibdi. Anuvlar esa almisoqdan qolgan «Pobeda» minib olishibdi, tag‘in dimog‘laridan qurt yog‘iladi.
— Tushunarli, — dedim-u, lekin oʻla qolsin, agar bir narsaga tushungan boʻlsam, kim yuborgan ekan ularni? — Xatni koʻrsam boʻladimi? — dedim nihoyat.
— Aytmoqchi, hozir opchiqaman, ungacha oyimlar bilan koʻrisha turing, — deb u oʻz uyi tomon yurdi. Rosti, bu oʻziga toza bino qoʻygan juvonning unchalik ham aqlli emasligiga hayron qolib turardim. Shu husn, shu qad, shu koʻrkni bergan Xudo uni nainki farzanddan, ozgina aqldan ham qisgandek edi. Boʻlmasa, birovning bolasi, koʻzining oqu qorasini (aniq aytmagan taqdirda ham!) qayoqqa olib ketganimizni aytadimi? Men bilmayman, desa olam guliston-ku, Oʻzini yoqtirmasa, bolasiga achinmaydimi? Ona boʻlib koʻrmasa, qiyin ekan-da.

Oytoʻra buvi bir boshqa olam edi, oʻsha oʻtirgan yerida qalampirmunchoqmi, mushk-anbarlar hidigami koʻmilib, oʻsha-oʻsha oq-oppoq boʻlib oʻtirar edi. Mening ovozimni eshitgandayoq bir g‘alati jonsaraklik bilan yoʻlimga koʻz tikib oʻtirgan ekanlar, koʻra yuzlari oftobdayin yorishib ketdi.
— Voy, oʻzim aylanay, mirzo yigitdan. Bormisiz, boʻylarizdan oʻrgilay, keling.

Men engashib, yelkamni tutib bordim. U kishi bag‘riga tortib, kuraklarimni silay ketdi.
— Voy, bolaginamning suyangan tog‘ginasi, ishongan bog‘ginasi. Yaxshiyam siz borakansiz. Sizni koʻrib sog‘ingan koʻngillarimiz bir xotirjam tortdi.

Xontaxta oʻrniga ham ustiga yalangqavat bir narsa tashlangan kursi yoniga choʻkib:
— Tinchlikmi, buvi, qanday oʻtiribsizlar? — dedim duodan soʻng.
— Oʻtiribmiz, mirzo bolam, oʻtiribmiz. Qarang, kelganiz qanday yarashib turibdi. Qadamlarizga xasanot, uylarimizni toʻldirib yubordingiz, — derdilar buvi hech yerga sig‘may. Faqat oʻtirgan yerlaridan turolmasdilar. Turolsalar, bilmadim, qanday aylanib-oʻrgilar ekanlar ustimda. Tavba, bu ayol qariganda shunchalik, yoshligida qanday oʻtgan ekan? Yuzlaridan yog‘ilayotgan bu nur qaydan balqib chiqib kelayotibdi — hech ado boʻladiganmas. Ikki og‘iz shirin gapirsalaroq yo suyib tikilsalar bas, balqib chiqib kelaveradi, chiqib kelaveradi.
— Soʻratgan ekansiz, — dedim iymanib.
— Ha, aytmoqchi, Chamanimdan odam keluvdi.
— Odam?! — dedim hayratga tushib: qaysi birini aytayaptilar ekan?
— Oʻsha, oʻzining ob-havo ishxonasidan. Sambitdek yigitcha.
— Qanaqa ishxona? — Sambitdek yigitchani fahm-lagandek boʻldim-u, lekin ishxonasiga... tushunmadim. Chaman akadek bexalovat odamning qoʻnim bir ishxonasi borakanmi?
— Voy, oʻsha tog‘-toshlardagi gadoytopmas istansalargami — shularga qaraydi-da... Oylab badar ketishi shundan, bolam, — dedilar buvi hamma onalarga xos bir sodda-doʻlvorlik bilan. Yo menga shunday tuyuldimikan? Lekin oʻzim bu gapni eshitib ang-tang qolgandim. U kishi esa yuzlariga bir xotirjamlik inib, tushuntirar edilar:
— Shunaqa badar ketganida, uzoq-uzoqlardan bir-bir idorasiga xabar berib, uyga odam yuborib qoʻyadi. Bizzi soʻrab, ham xotirjam torttirib. Yubormasa, nima qilardik? Duoi jonini qip oʻtirishdan boʻlak nimaga yarardik? Ilo-oy, sog‘-omon koʻrishtirsin Oʻzi...

Mening xayolimda esa tamomi boshqa oʻylar g‘ujg‘on uradi: ob-havoni kuzatish idorasi?.. Qanaqa «ob-havo»yu qanaqa «kuzatish»? Hech tasavvurimga sig‘masdi Chaman akaday bir odamning shunaqa ishda ishlashi, istansalarma-istansa aylangani ketishi. Mening tasavvurimda u tamomila boshqa ish bilan «sanqiy»digandek edi. Hozir qay biri haq-rostligini ajratolmay sarang edim.

Ammo bitta narsadan koʻnglim toʻq: Asal opa oʻsha oʻzi koʻrolmay qolgan sambitdek yigitcha... biz oʻylagandek g‘alati soʻroqlab keluvchi emas, Chaman akaning ishxonasidan ekan. Oʻz odami ekan. Bundan hiyla xotirjam tortib soʻradim:
— Yaqin orada qaytib qolarkanlarmi yo boshqa gap bilan keptimi?..
— Yaxshi esimga soldiz, unutay debman. Sal ushlanib qolayotgan ekan, tayinlab yuboribdi. Sizga tegishli gap, — buvi ovozlarini pastlatib, tashqari hovliga alanglab oldilar. — Atay Asalim yoʻg‘ida kelib, aytib ketdi.

Men bu gapdan hayron qolgan edim:
— Yoʻg‘ida aytib ketdi?

U kishi ma’noli bosh silkidilar:
— Yodgorimizni ayasini sizga tayinlab ketgan ekan, shuni...
— Tayinlab ketganlar, toʻg‘ri, kami borakanmi? Nima deydi?.. — dedim yuragim poʻkillab. Operatsiadan xabar topa qolibdimi yo?... Shunga koʻngli tinchimay...
— Bilmadim nega, javob tegishi bilan dalangizga opchiqib ketarkansiz. Yodgoriniyam, oʻziniyam...
— Nega, tinchlikmikan? — dedim ichim allatovur simillab.
— Bilmasam... Juda qattiq tayinlabdi. Oʻzi tushunadi deganmish.
— Tushunadi?! Kim, menmi? — dedim battar xavotirim ortib.
— Ha, bolam, sizni aytdi.

Ammo mening ichimda tushunuksizdan-tushuniksiz bir qoʻrquvlar uyg‘onib kelar edi. Gʻalatidan g‘alati xabar. Chaman akam oʻsha yoqda turib nimaning isini sezibdiki, meni qidirib qopti? Yodgorni soʻroqlab kelishlari, Kemshiktoyning «Men Yodgorman» deb ketvorishlarida... hammasida chindanam bir sir bordek edi. Endi bunday topshiriq!.. Rostdan ham ob-havo oʻsha Tangritog‘ tomonlardan aynib kelayotgan ekanmi? Ular Sulton akamning oʻzi qolib, endi ayolini izlab qolishgan boʻlsa-chi? Chindanam qoʻrqqulik-ku! Es borida etakni yopgulik-ku!
— Oʻsha yigitcha har ehtimolga qarshi Sizning adresizzi yozib oldi. Qang‘lida turishadi, dedim...
— Kim? — dedim daf’atan anglab yetmay.
— Oʻsha Chaman yuborgan yigit-da, bolam, kim boʻlardi?
— Ha-a, — dedimu birdan nafasim ichimga tushib ketdi. — Shoshmang, u Chaman akam bilan ishlasa, oʻzlari yuborgan boʻlsalar, adresimni aytmabdilarmi? Gʻalati-ku, — dedim buviga.
— Voy, shuni ayting. Menam laqqa tushibman-ku. Chamanim aytsa kerak edi, — dedilar boʻshashib.

Men ijikilab soʻrashga majbur edim:
— Ilgariyam kelganmi hech?.. Chaman akam borlarida?.. — dedim aqlim bir tiniq ishlay boshlab.
— Sambitdek yigitchami? Yoʻq, endi koʻrishim shekilli, — dedilar yuzlariga ajinmi-nima ina boshlab. (Lekin ajabki, bu ajinlar ham yuzning ich-ichidan balqib chiqmoqda boʻlgan, anuv ipakday muloyim nurni yoʻqatolmas edi.) — Siz uni kim deb oʻylaysiz?— dedilar u kishi tashvishlanib.
— Hayronman. Chaman akam tayinlagan boʻlsalar, ishxonamdanoq topib olardi. Bu yerdan izlab yurmasdi.
— Ha-ya, shuni ayting. Bizni xoʻb avrab ketibdi-mi, a?
— Bilmasam-bilolmasam,— dedim men, — uyga borsam, ma’lum boʻlmasa, hozir bir narsa deyish qi- yin.
— Voy, men esi yoʻq, Chaman desa, laqqa tushi- ib oʻtiribmanmi? Qaytta turishizzi aytib beribmanmi?.. Voy, men — esxonasi uchgan! Nima qip qoʻyibman?

Oytoʻra buvi azza-bazza oʻzini qoʻyarga joy topolmay adyol ostida tosh qotgan oyoqlarining tizzalariga shappalagancha, aytib kuyinar, qoʻlini tizzalariga har tashlaganda, oʻzining zalvoridanmi, alamining zoʻridanmi, karavot lopillab silkinar, kampirning oʻzini koʻtarib tashlagudek boʻlar edi. Shunaqa kuyib ketibdi.

Men esa u kishining qoʻllariyu tizzalariga yopishib, bir nimalar deb tasalli berib yotibman.
— Voy, xolamoyijon, axir Sizda nima gunoh, tinch-laning. Hali hech gap yoʻq-ku. Men toʻg‘ri oʻsha shifoxonadan kelyapman-ku. Tinchlik-omonlik-ku.

Oʻzim shunday deyapman-u, ichim sidirilib tushib boryapti: Oʻzi bugun bir oʻlimdan qolgani bilan bu yoqda hali shuncha xatarlar turgan ekanmi? Endi nima qilamiz? Tuzalmay turib, shifoxonadan qanday opchiqib ketay? Yodgormurodni-chi, qaerdan topdim?..

* * *

Uyga qanday yetib kelganimni bilmayman. Shunaqa vaqtda oʻzi bir belgi beradi shekilli: ich-ichimdan g‘ulg‘ula aralash bir qoʻrquv turib, bosh koʻtarib kelyaptiki, oqibatini eslasam... nafasim ichimga tushi-ib-tushib ketardi. U yog‘ini oʻylashga hatto jur’at etolmasdim.

Uyga kirsam, qoʻrqqanimdek, «Amaqujon!»lab chopqillab keladigan bolakay na hovli sahnida koʻrinar, na ichkaridan ovozi chiqardi!

Uylarimiz allaqanday huvillab qolgandi.
— Yodgor qani, bola qani? Kim opketdi uni? — deb baqirib yuborayozdim ayolimga.
— Voy, adasi... oʻziz bilarkansiz-ku...
— Kimni bilarkanman?! Nimani bilarkanman?..

Saida koʻzlarini pirpiratdi:
— Buvasi... — dedi duduqlanib.
— Nima, buvasi?
— Soʻratibdimish-ku, koʻrgisi kelib.
— Shu gapga ishonib oʻtiribsanlarmi? — deb yubordim umrimda birinchi marta sensirab. — Kim keldi, qanday nobakor?

Mening ovozimga oyim uylarini ochib, ostonada koʻrinish berdilar. Joynamoz ustida tasbeh aytib oʻtirgan boʻlsalar, qoʻrqitib yuboribman shekilli, deb sal past tushdim.
— Telefonim bor, ishxonam bor, men oʻlgani ketgan emasman-ku, xabar qilmaysizlarmi?
— Qildim-ku, adasi.
— Boʻlar ish boʻlib, boʻyog‘i oʻchgandan keyin...mi?
— Ha, bolam, oʻzingni bos, — oyim ayvonga chiqiboq gilam ustiga choʻka qoldilar. — Hammasi sen qoʻrqqanchamas. Kelinga aytmovdim. Mana, xat tashlab ketgan, — dedilar nimchalari choʻntagidan buklog‘liq qog‘oz chiqarib.

Qarasam, tumor xat. Qoʻllarim titrab ochdim: «Uka, Toʻra buvaning iltimoslari shunday boʻldi. Yodgormurod jiyanchamizni yana ham bexavotirroq joyga ola ketdik. Uzr, kutolmadik. Qisinmang judayam. Men oʻzingiz bilgan Zohidxonman»...
— Chin-mochinni otliqqa ham topilmas qora kostum-shimida... sal boyvachcharoq koʻrindi, xolos, bo-lam, — derdilar kamiga oyim.
— E, oʻsha Zohidxonmi!..

Oyim erkin tin oldilar:
— Ana, tanirkansan-ku, bolam. Odamni yuragini chiqarib yubording.

Taniganda qandoq! Kennoyimga tabib izlab borganimda kimni uchratibman?! Oʻsha keptimi?

Unda sambitdek yigitcha kim? Chaman akamning nomidan uylarigacha izlab borgan? Yodgorni soʻroqlab yurgan? Bularga qanday dahli bor?

Tagiga yetib koʻr-chi, bu jumboqni!

Men hotirjam tortishimni ham, tortmasimni ham bilmasdim...

Eshon Buvaning Qarz Salomlari (yoxud shafoat huquqi)

Oyimlarga berib ketishgan xatcha chittak qanotidek kelib-kelmas, biz bolalikda yasab oladigan qog‘oz qushchalarimizga juda-juda oʻxshab ketardi. Faqat buning jindek dumchasi bor-u, tumshug‘i yoʻq.

Shunaqqib Yodgormurodni ana shunday semurg‘chaning belchasiga oʻtkazi-ib, uchiri-ib ketishibdi! Yana uni «bexavotirroq joyga ola ketdik» deb avraganlariga oʻlaymi! (Endi u menga bir avrovdek tuyulmoqda edi. Aldanib qolganga oʻxshardim.) Obbo boyvachcha-ey, soʻramasdan-istamasdan olib ketaveribdi-da? Darvoqe, kim deydi? Toʻra buva deydimi? Oʻsha yuzlaridan nur yog‘ilib, chiroyli kuzalgan soqollariyu biroz qisiq, bodomqovoq koʻzlari anavi rasmlardagi Navoiy bobomizgami, kimgadir juda oʻxshab ketadigan tabib... yuboribdimi? Oʻsha borganimda, keldingizmi, belgi bergan sizning kennoyingizmidi, deb... tokchadan avvaldan tayyor-lab qoʻygan dorularni olib bergan odam-a? Nahot oʻsha odam hamma narsadan voqif?..

Yoki kechagi koʻngil soʻrab borganlarida... kenno-yimning oʻzi iltimos qildimikan? Yodgormurodimdan koʻnglim tinchmas, deb? Balki.

Xudoning qudratini qarangki, shu bir og‘iz soʻz kifoya etib, men tinchiy qolgan edim. Chindan ham Toʻra buva aralashgan boʻlsalar, nimadan qoʻrqaman, xavotirlanaman?!

Faqat bir narsadan hayratdaman. U kishi kenno-yim yotgan joy — shifoxonani qanday topib bordi-yu, Yodgormurod biznikidaligini qaerdan bildi? Axir kennoyim bizning yangi joylarimizni bilmaydi-ku, aytdi desam? Balki bular ham hov oʻshandagidek, doru tayyorlab, birov kelishini kutib oʻtirganidek, oʻzi belgi beradimikan? Bolaning ustida, bu mushtipar oilaning tepasida aylangan qora xatarni ham shunday sezib... bularga qayishdimikan?
— Balki Hizr deganlari shudir?..
— Kim deding? — oyim mushtdek boʻlib, tasbeh oʻgirib, sano aytib oʻtirib edilar, yalt etib yuzimga qaradilar.
— Tabibni aytaman.
— Qaysi? — u kishi anglamay koʻz pirpiratdilar, soʻng kaftlarini oʻpib, salga yoshlanib kelaveradigan, ajinlar mijjalariga qadar siqib borgan koʻzlariga bosib qoʻydilar.
— Mahfuz kennoyimga qarayotgan odamni aytaman. Yodgorniyam oʻsha odam oldirib ketibdimish oʻz pano-higa.
— Heh, bolam-a, — dedilar oyim choʻzib, soʻng bosh chayqab, bilinar-bilinmas lablarini jiyirib qoʻydilar. — Bandaning dasti qaerga yetardi?! Avvalo, Olloh oʻz panohiga olsin!
— Har qalay-da, oyi. Oʻzi ham oʻsha yoqdan ekan. Bekorga...
— Qayoqdan-qayoqdan? Oʻsha Mirzaxoʻjaboylar borib qoʻngan tarafdan ekanmi?

Men daf’atan anglay olmadim.
— Mirzaxoʻjaboyingiz kim?..
— Esingdan chiqdimi? Kim boʻlardi, oʻsha kelinimizning boy otasida, oʻg‘lim. Oʻsha bir vaqtgi qoch-qoch, quv-quvlarda qayoqqa qochib, jon saqlabdi?!
— Ha-a... oʻsha koʻchib borishgan yeri — Tangritog‘da ham bu yoqdagidek bir Olmazor bog‘ qilib, ungayam bir anhor suv opchiqqan, oʻrtasida hovuzu shiyponu supa-supachalar qurdirgan, shusiz bu yoqdagi joylarini unutolmagan odamni aytasizmi?
— Oʻsha tabibing... boyni, bularni bilsa kerak- da!
— Bilsa kerakki, odam yuborib, Yodgorni opkettiribdi. Boʻlmasa, unga nima edi qayg‘urib?..

Ammo oyim birdan mahzun tortib, qoʻllarining yuzini (oʻsha terisi bir kuyib tushib, qayta et bitgandayin quruqshab qorayib qolgan, tomirlari esa koʻk ipakdayin ingichka tortgan qoʻllarini) silab qoldilar. Ichimga g‘ulg‘ula tushib, yuragim dukirlab keldi: «Nimani nazardan qochiribman? Oyim huda-behudaga tashvishga tushmasdilar-ku...» Oʻzim esa yurak yutib soʻrolmasdim. (Urishib berishlaridan hayiqib turibman.)
— Akang tinchmikan, oʻzi? Hech bir xabar boʻlmadi-ku, — dedilar xavotirlanib.

Men ichim sidirilib, bosh chayqadim.
— Bilsa, oʻsha Chaman akam biladi, u ham bir ketgancha... badar ketib boryapti. Nega unaqa deyapsiz, oyi?
— Mahfuz kennoyingni daragi chiqqanidan bir suyuniblar edim, Ollohning marhamati bilan oʻzi ham osmondan tushganday kirib kelib qoladimi, deb oʻtiruvdim. Manavi voqealar... yaxshilikdan darak bermayotganday-ku?
— Qaysi voqealar, oyi, — dedim zoʻrg‘a. Siz nimani nazarda tutyapsiz, demoqchiman-ku, aytolmasdim.
— Kennoyingning daragi chiqqanida bu tabibning paydo boʻlib, anavi bolaning yoʻqolishi, Yodgorni oldirib ketishlari... — dedilar oyim nigohlarini uzmay, — hammasi allaqanday g‘alati-da, bolam.

Etlarim jimirlab ketdi. Lekin oʻzim sir boy bergim kelmasdi:
— Yoʻg‘-e, oyi, siz oʻylaganchalikmas, hamma-hamma bilan shunaqa halim, taqvodor odam-a? Qoʻying.
— Otasi unday boʻb ketuvdi, bollari bunday toʻzimasa deyman-da.

Men esa fikrimdan qaytolmasdim:
— Qolaversa, u tabibni oʻzim izlab topib borganman, oyi, u bularnimas...
— Keyin-chi, keyin ham koʻrgani yoʻqmi?
— Kimni? Kennoyimnimi? — dedim boʻshashib.— Boribdi...
— Ana, aytdim-ku.

Men oyimning yuzlariga esim og‘ibroq tikildim:
— Bularda bir sir bor... deysizmi?
— Shahringda nima koʻp, kelgindi koʻp. Ayniqsa, oʻsha yoqdan kelganlar.
— Kelsa, hammasi qochib oʻtganlar, — dedim men.

Baribir, oyim bosh tebrab, qoʻshilmadilar:
— Ularning orasida qancha — eshitar qulog‘i, ay-g‘oqchisi boriykin? Ularam anoyimasdir?

Oyim shunga zingil tashlaganlariga hayron qolib, beixtiyor mehrim tovlandi. (Axir, bu hammasi kennoyim uchun-ku, shular ham bir xalovat topa qolsa edi, deb kuyinganlardan-ku, boʻlmasa, u kishiga nima!):
— Siz haqsiz, oyi,— dedim chiniga koʻchib,— lekin Yodgorni oldirib ketib yaxshi qilibdilar qaytaga.
— Shunday boʻlsayam,— u kishi iltijo etgandek tikildilar,— oying oʻrgilsin, ehtiyot boʻl, chuv tushirib ketishmasin tag‘in. Hammadan burun Olimdan hazir boʻl.

Men har narsani kutsam ham, buni kutmagan edim:
— Siz... u hamma narsani biladi, deb oʻylaysiz-mi?

U kishi boshlarini quyi solintirdilar:
— Bir narsa deb... Ollohning oldida gunohkor boʻlib qolishdan qoʻrqaman-u, lekin, bolam, akangning boshida yana qora bulutlar oʻralashib qolganga oʻxshaydi. U bekorga kelmagan. Eslasang, ilgariyam bir shunday boʻlib edi.

Qarorgohga sallot tashlashgandagisi rost. Lekin endiyam uni oʻrtaga suqishyaptimi? Oʻz ukasining qoʻli bilan nima qilishmoqchi? Ichimda shunday savollar charx urib yotibdi-yu, aytolmasdim:
— Endiyam deysizmi? — deya oldim zoʻrg‘a.
— Ishqilib men adashayotgan boʻlay, bolam. Kimni hidoyatga boshlab, kimni zalolatga solib qoʻyganini yolg‘iz Oʻzi bilmasa, bandasi nimani biladi!
— Nima qil, deysiz? — Oʻzimni nochor-notavon, maslahatga muhtoj sezib ketdim.
— Ehtiyot boʻl, bolam. Har kimni oʻzingga sirdosh tutaverma. Davlatni katta gazetida ishlaysan. Orqa-oʻngingga qarab yur. Seniyam olib ketib qolishsa, men nima qila olaman?..

—Oyi, hov, oyi, nimalar deyapsiz? — Hech kutmaganimda oyim gap oʻzanini bu yoqqa burib, koʻzyosh qilib qolishlaridan oʻzim g‘alati boʻlib ketdim. — Hozir unaqa davrmas-ku, axir.
— Sen aytaverasan!.. Lekin bularning tuslanib-tovlanishiga, soʻzlariga ishonma. Yetimning boshini silashlariga, dushman izlamasliklariga ishonma! Hamma balolarni koʻrgan men bilamanmi, sen bilasanmi bularni? Sen hali nimani koʻribsan? Koʻrmaginam, kuymaginam, ilohim.

Oyim roʻmollarining uchini mijjalariga bosa-bosa axiyri tinchidilaru yuzimga xijolat aralash qaradilar:
— Nima deydi? Yorildimi hech?
— Kim, oyi? — dedim dabdurustdan anglamay.
— Olim akang-da. Bekorga oʻralashib yurmagandir orqangda, — keyin qoʻshib qoʻydilar. — Bizga-ku, sir bermaydi. Lekin senga aytgandir.
— Aytdi, oyi, aytdi. Bir kishini topishvorish kerak ekan, — dedim yotig‘i bilan.

U kishi yalt etib qaradilar:
— Yana kimga qiziqib qopti?
— Anuv eski mijoziz boʻlardi-ku, Ilhom sutchi. Oʻshanga.
— Voy, oʻlmasam, u g‘irt tarkidunyo qilgan odam-ku. Uning nimasiga qiziqadi? — Oyim hayratlarini yashirolmay yuzlarini siypab qoʻydilar. — Ayt, tinch qoʻysin boyaqishni. Oʻzining kuygani yetarli.

Mening savol xaltam ochilib ketgan edi:
— Nimadan, oyi?
— Birov tagiga yetolmaydigan tarix bu, bolam.
— Nima tufayli?
— Koshki bir og‘iz soʻz bilan tushuntirib boʻlsa.

Oyim nimaningdir andeshasida bu tarixni ochgilari kelmas, men esam tagiga yetmagunimcha koʻnglim joyiga tushmas edi:
— Yuzkoʻrmas boʻlib ketishganmi yo...
— Unday deb ham boʻlmas...
— Bolalari bormish-ku, bizlar tengi. Shunday odamlar ham... — Men aytmaganlariga qoʻymay ijikilay boshlagan edim.
— Ha, endi, bolam, taqdirning yozmishi-da. Kim undan qochib qutulibdi. Bular ham oʻsha imtihon tuzog‘iga tushganlardan,— dedilar oyim oʻzlaridan qochirib.
— Imtihon tuzog‘i?— Men endi hech narsaga tushunmay boshlagan edim.— Kim tufayli? Qachongi tarix?
— He-e, bolam-a, Olloh suygulik qilsa qilsin ekan-u, kuygulik qilmasin ekan hech kimni. Bularni tarixi shunaqaroq, — dedilar bir chekkasini ochib. Judayam qiziq edi, qaytarib soʻradim:

—Og‘zilariga biron soʻz olib qoʻyganmilar?

Oyim, shunga yaqinroq, degan kabi bosh silkidilar:
— Boʻlmasa, oʻzi boyning qizini opqochib kelib, oʻqitib muallim qilib, nikohlab olgan. Shunaqa mulla odam. Ammo oraga urush tushib, bir kun qaytib kelsaki, oyday xotini ayol zotiga suyagi yoʻq mudirning qoʻliga ishga oʻtib qopti. Shu g‘ashlangancha... uyining ostonasigayam qadam bosmay ketdi.

Shunaqa rashkchi ekanmi? Yo biron gap eshitib, toʻnini teskari kiyibdimi? Oʻzim ming xil oʻylarga borib kelyapman-u, koshki oyimlardan soʻrolsam...
— U odamga ham bir og‘iz bir narsa demabdimi?— deya oldim axiyri.

Oyim bosh chayqadilar:
— Nima degan, nima qoʻygan — bilmadim. Lekin shu voqeadan yarim yil oʻtib, oʻsha odam qamalib ketdi. Oʻz oyog‘idan yitdimi, u qamatdimi — yolg‘iz Olloh biladi.
— Shundan keyinam qaytmadimi?
— Qayoqda. Qancha odamlar oʻrtaga tushdi. Xotiniyam xiyonat qilmagan ekan... Lekin u soʻzidan qaytmadi. Boshqa uylanmadiyam, roʻyxush ham bermadi. Shaharda katta idorada ishlarkan, u yerdan ham ketib, bizning shu Choʻlponotaga kelib qoldi.
— Odamoviligi shundan ekan-da?
— Bir chekkasi shundan boʻlsa, bir chekkasi ishidan ham etak silkib ketganga oʻxshaydi. Omad shuna- qa — bebaqo, bolam, u yuz oʻgirsa, har aqllilar devonaga aylanib, u kulsa, har adashganlar hidoyatga tushib qoladi. Bu odam serzardaroq koʻringani bilan oʻzi halim. Faqat har kim bilan iqi suyib gaplashavermaydi.

Oyim aytganlaricha bor edi. Ayniqsa, qora sovuq tushgan qish kunlari eski movut koʻylak-shimiyu nag‘alli etigi ustidan uzu-un jun chakmonni ilib, namat telpakni bostirib olsa, deng, juda tund koʻrinardi. Qoʻliga bitta nagan yetishmasdi. U boʻlsa bir gala sutdan boʻshagan bonkalarini obkashiga qoʻshib orqalagancha bozordan qaytar, atrofiga qarab qoʻymasdi. Ba’zan Soli pismiqning gapida ham jon bormi, deb oʻylab qolardim. Anvar kennoyim (Solining oyisi) topgan uzun-quloq gaplarga qaraganda bu odamning oldiga, oʻsha birovning tashqisida turadigan joyiga manman degan oʻg‘rilar ham yurak yutib kirolmasmish. Boshiga naganini qoʻyib yotarmish. Anvar kennoyi bu gapni qaerdan olgan, naganni qaerdan koʻra qopti — hech kim bilmaydi. Lekin necha yilki, shu duv-duv gap toʻxtamaydi-tinmaydi. U ham birontasining peshonasidan darcha ochib qoʻyganini hech kim koʻrgani ham, eshitgani ham yoʻq. Ammo u oʻtib ketguncha hammamiz hayiqib turganimiz-turgan edi.

Mana endi Olim akam shu odamni surishtirib-soʻroqlab yuripti. «Bu buz-buz, koʻch-koʻchlarda qayoqqa jildiykan, surishtirib koʻrsang, oʻtib kelardik», deydi. Oʻzi uni qaerdan biladi, bizning tomonlarga kelib qolganining daragini qaerdan eshitgan — aytib oʻtirmadi. Oʻzi shaxsan tanimagan (balki tanir) odamni orqavarotdan surishtirib, qidirib yurishi qiziq. Men uni topib berishga ham, bermaslikka ham hayron edim. Axiyri oʻylab-oʻylab oyimlarga maslahat solishga majbur boʻldim.
— Balki shu koʻch-koʻch bahonasida bolalari... endi qayoqqa ham borasiz, deb... olib ketishgandir? Ular asli Koʻtarmadanmidi? — dedim.
— Sutchimi, qaytsa oʻsha boshidayoq qaytardi. U tuflagan tufugini qaytarib oladiganlardanmas. Undan koʻra haliyam boʻlsa guzardan surishtir, — dedilar oyim.
— Yaxshi, lekin boshlab borib uyalib qolmasmikanman? — dedim oyog‘im tortmayotganini sezdirib.
— Nima ishi borakan oʻzi? Aytdimi?
— Bir uchini chiqarganday boʻldi.
— Nima deydi?
— Otam rahmatlining qarz salomlari bor, deydi.

Oyim bu gapdan eslari og‘ib, aftimga tikildilar:
— Nima, nima?!. Kimning gapini gapiryapsan?
— Oʻzining gapi... Shu odamga qarz salomlari bor, yetkazishim kerak, deydi.
— Oʻylab gapiryapsanmi? Eshon pochchani olib ketishganiga qancha boʻlyapti?! U kishi tengilar koʻkarib chiqdi-ku...
— Men bilmasam, oyi. Oʻshoqdan keldim, qoʻlimda jon berdilar, deydi.
— Oʻshog‘i — qayoq... ekan? — dedilar oyim hamon oʻzlariga kelolmay.
— Tangritog‘dan... topdim, deydi.
— Yo qodir Olloh! Hayot ekanlarmi?!
— Daraklarini eshitib, topib borganmish. Oʻzi qoʻli bilan yerga qoʻyganmish.
— Subhanalloh! Oxirgi damlarini koʻrib qolish unga buyurgan ekanmi? — deb oyim azza-bazza koʻzlariga yosh oldilar. — Eshon pochchani-ya? Qancha vaqt, qancha suvlar oqib oʻtib-a? Tumanli yurtmi — allaqayoqqa olib ketgan deyishardi-ku. Bu yoqda ekanlarmi? Ollohim hifzu himoyasiga olib, rizq-roʻzlarini shu yoqqa sochgan ekanmi, tavba?

Oyimlarga qoʻshilib, men ham g‘alati boʻlib ketdim; tavba, biz bu yoqda ne xayollarga borib yuribmiz: tumanli yurtlarga surgun qilingan boʻlsalar, goʻrlari qaerlarda qoldi ekan, shunday odam kafansiz ketdilarmikan, deb oʻtiribmiz-ku! U kishi esa, mana, qaerda ekanlar! Yana u odamni tirik koʻrish, duolarini olib qolish — kelib-kelib kimga nasib etibdi!

Voh, kim bu xonadonni toʻzitganlar bilan kelisholmay, qaerlarda sarson-sargardon yuribdi, hatto yurtiga sig‘may — bosh olib ketdi, unga yoʻliqmay shu Olim akamga yoʻliqibdilarmi? U kishini koʻrib, duolarini olib qolish shunga nasib etibdimi? Bunda qanday siru sinoat, hikmat bor ekan, anglab yetolmasdim. Axir, Sultonmurod akam ham oʻsha Tangritog‘ tomonlarda edi-ku?! Qolaversa, u kishi u diyorga qanday borib qolibdilar? Nima bu, taqdirning karamimi yo Ollohning inoyati? Oyimlar aytmoqchi, Olloh xohlasa, bandasini chohlardan ham tortib olib, adashgan farzandi-zurriyodiga roʻbaroʻ qilishga ham qodirmi?!

Oyim shunday xabarlar topib kelganimdan bir yerga yetib, yuz-koʻzlarimga mamnun-mamnun tikilar ekanlar, yana allaqancha narsalarni soʻramoqqa shaylanib-shaylanib ham qoʻyar edilar. Nihoyat, bir kalima Qur’on tilovat etib, savobini bag‘ishlagach:
— Aytmoqchi, u kishi sutchini qaerdan tanirkanlar? — deb qoldilar.
— Kim? — dedim men anglab-anglamay.
— Eshon pochchani aytaman-da. Hamonki, qarz salomlari boʻlsa?..

Chindan g‘alati edi: eshon pochcha qayoqdalaru hukumatning ishongan idoralarida xizmat qila-qila bu dunyo xoyu havaslaridan etak silkigan sutchi qayoqda!

—Bilmasam, oyi. Soʻramabman, qarang-a,— deya oldim.
— Soʻrashing kerak edi, bolam. Eshon pochchaday Olloh aziz qilgan odam har kimga ham duoi salom yoʻllamasalar kerak. U kishining nazarlari tushibdimi, shundan bilaver. Topishib yuborsang, savobga qolasan.

Oyim shunaqalar. Oʻtganlarga daxldor ish chiqsa, tamom, mahkam ushlab oladilar. Olloh rozi boʻladigan ish ekan, orqasidan qolma, deb turib oladilar. Ado etilmaguncha soʻrayverib, surishtiraverib, kishini hol-joniga qoʻymaydilar.

Hozir ham ra’ylariga qarab:
— Xoʻp, bugunoq oʻtib, surishtirib kelaman, — dedim-u, lekin yuragimning bir chekkasidagi g‘ashlikdan hech qutula olmasdim. Qulog‘im ostida koʻzga koʻrinmas bir mahluq hadeb visirlar edi:

«Hamma qolib, shu dog‘uliga ishondingmi? Olimga-ya?» «Xonumoningni kuydiradi-ku, bu seni Ilhom sutchingga qoʻshib!..»

Yurtdan Mujdayu Suyunchilug‘ (yana oʻsha hikoyachiga qorong‘u, muallifga ayon safar tarixidan)

U qa’daga oʻtirib, endi payg‘ambar alayhissalom haqlariga salovat boshlab edi, hovlida qachondan beri chertak oʻynab, xalinchak uchayotgan qizaloqlar gurra chopishib qoldilar:
— Voy, opoqbuvamla...
— Chopdik-uchdik, eshontamla!
— Guzardan keluttila...
— Namozdan keluttila...

Hojining daragidan kap-katta odam Xudoyberdi ham shoshib, ikki yoniga salom berib, namozni yakunlay qoldi. Bu vaqt noz-ne’matlarga toʻla dasturxon ham bir chetda qolib, loʻlabolishni tirsagi tagiga tortgancha asta yonboshlagan Aka pochcha — shunday alp odam ham uyqu elitib mishillay boshlagan edi. Tog‘u tosh oshib, duch kelgan yerda tunab kelaturgan safar kishilari uchun boy otanikidagi bu e’tiboru bu mulozamatlar... ularni elitmay kimni elitsin...

U bir tabiatli, islimiy gullar solinib, oq ipakdan suvlar yurgizilgan, ustiga ustak allaqanday iforlar gurkirab turgan joynamozni tokchalar oʻrtasidagi qoziqqa ilib, sherigini shoshirdi:
— Hoy, aka pochcha, turing, tura qoling, Hoji buva keliptilar...
— Nima, kim? — Aka pochcha azbaroyi choʻchib tushganidan boshini sirlangan devorga urib oldi. Koʻzi moshdek ochilib, norozilandi: — Vahmangni qara-yu...
— Oʻzingiz ham, — dedi beshikchi, qistab kelaturgan kulgusini bosib, — choʻkdim deguncha boshiz og‘ib ketovurmasin-da. Mehmon degan nomiz bor.
— Chittakdek odam oʻzingga teng qildingmi? — Aka pochcha ijirg‘anib oʻrnidan qoʻzg‘oldi. — Tag‘in qiyomatli oʻrtoqmish bu.
— Biz bilan yurib hali duoni kattasiga sherik boʻlganizda bilasiz. Hali Hoji ota bilsinlar.
— Hammasidan bir chimdim uyqu oʻtaversin, — deya toʻng‘illab, usti yopiq xanik chetida yarqirab turgan oftoba bilan turnadek boʻyni choʻziq obdasta tomon oʻtaverdi u.

Beshikchi kuldi:
— Toʻnu sovg‘a-salomlardan ham-a? Yelkangizga tashlashganda yoqib qolar?

Beshikchi oʻziga qaytib keladigan gapni sezmay qolgan edi. Aka pochcha miyig‘ida kuldi:
— Saritoyni cholga nevarasi oʻrnida oʻtkazib-a? Toʻn teshib chiqmasin.

Bu gapdan beshikchining boshi aylanib, etlari jimirlayozdi:
— Olloh asrasin! Kim bu niyatda keptiyu shunday boʻladi, deb oʻylabdi? Siz meni kim deb oʻylayapsiz, aka pochcha?
— Uzr-uzr, unday demoqchimasdim, oʻzingga olmaysan. — U choʻnqayib, yuzini chaya boshladi. Ulkan odamning yuzidan ortgan suv oftobaning doʻngalakchasini oʻpib tushib, ichiga jildirab yoʻqolar ekan, u oshnasining koʻnglini oladigan bir soʻz qidirinar edi. Nihoyat, belbog‘iga artinib turib edi, oʻsha soʻz ham tiliga kela qoldi:
— Shu bilan qiyomat qarzdan qutulsang — biz xursand, oshna. Sovg‘a-salomsiz ham odamni kuni oʻtaveradi.
— Ha, bu boshqa gap, aka pochcha, endi oʻzizga keldiz..

Bu orada nashvatilari moyguldayin ochilib, asalarilarga «vatan boʻlib» ulgurgan hovlida boyagi qizaloqlarning quvalashib chopishgani, rahmat aytib bir yerga yetganlari — sakrab quvnaganlari eshitildi. Ular Eshon otadan nasibalarini olib qaytmoqda edilar. Keyin qay biri chug‘urlab, u kishidan suyunchi ola boshladi:
— Voy, Eshonta, me’mon boluni koʻrmabsizu...
— Qani-qani? Qanday bola?

Boy otaning alanglab, kamzullari hamyonini kavlashtirib nevaralari ichidan saritoyni izlaganini tasavvur etib, beshikchi beixtiyor jilmaydi. Soʻng oʻzi ham u kishining istiqbollariga chiqarkan, sherigini shoshirdi:
— Boʻla qoling, aka pochcha, u kishini tavof etgali chiqqaymiz.

U hovliga tushib borganda choʻqqi soqolidan nur yog‘ilib, koʻzlari hamisha yoshlanib turganday, ammo su-yib-suyib tikilguvchi oʻsha jikkak chol yoʻl-yoʻl banoras toʻnining poylari yerni oʻpgancha choʻnqayib, me’mon bola — kemshiktoyning peshonasidan oʻpib turar edi.

Boya chittigul oʻynab, halinchak uchayotgan, qirq kokillari yetmaganday, tolchovkandan sochpopuklar taqqan qizaloqlar biri olib, biri qoʻyib, buvalariga tushuntirish berishar edi.
— Buva, buva, ular dovon oshub kelishiptu...
— Uzoqdan kelishiptu... Toshkan degan joydan kelishiptu.
— Valloh, valloh! Olloh aziz qilgan joylardan-a? Shundaymi, boʻtam? — derdi boy ota bolakayning yuz-koʻzlariga yutoqib tikilib. Mushtdek yuragi jimitdek vujudiga sig‘may qolgan boʻlsa ehtimol. Suyib, bir yerga yetib tikilar edi.
— Oʻshoqdanmu? — derdi allaqanday titrab-qaqshanib. Ammo oʻshoqning nomini aytolmasdi. — Ota diyor-lardan-a?

Saritoyning ovozi chiqa qolmas, yuzlari duv qizargan, oʻzi oyog‘i ila yer chizardi. «Hm», dedi axiyri bosh silkib.

Boy ota uni shu koʻyi bag‘riga tortib, boʻynidan iskalamoqqa boshladi:
— Aytuvdim-a, qanday tanish boʻylar ufuryapti, deb. Voy-voy-voy, boʻylaringdan seni, — derdi mutaassirlanib. Va shu koʻyi koʻzi beshikchiga tushib: — Valloh, kimni koʻryapman?!— deb yubordi,— Xudoyberdi, qanday shamollar uchirdi?!— dediyu boʻshashganidan oʻrnidan turolmay qoldi. Nazarida, butun kuchi oyoqlaridan yerga oʻtib ketgan-u, bolakayga suyanib qolgandek, agar bag‘rida shu saritoy boʻlmasa, yerga oʻtirib qolsa ham mumkindek edi. Va nihoyat, qariya oʻzida qanday bir kuch topib, asta qaddini rostladiyu mutaassirlanganidan biron soʻz aytolmay quchog‘ini yarim ochgancha unga qarab yuraverdi. Hamma koʻrib turibdi, boy buva undan boʻlak hech nimani koʻrmay, hatto oyog‘ining tagiga qarashni-da unutib, unga quchoq ochib kelar, endi atak-chechak yurishni oʻrgangan kishiga oʻxshar edi...
— Kimni koʻryapman, Xudoyberdi?!

Beshikchi chidolmadi.
— Men, boy buva, oʻzingiz bilgan Xudoyberdi, — deb (ichdan bosib kelgan xoʻrsiniqlarni-da yutib) u tomon talpindi. — Shoshmang, men oʻzim...

Uchib bordimi, ikki xatlashda yetib bordimi, lekin naynov terakdek boʻlib boy otaning bag‘rida turarkan, bu tabarruk moʻysafidni dast koʻtarib olaqolgisi, yuzlarini yuzlariga suykab, oppoq soqolidan oʻpgisi kelar, ammo oʻsha yuzlarni issiq bir tomchilar yuvib tusha boshlab, lablari chekkasidan shoʻrtang bir narsalar sizib kirar ediki, oʻzini tuta olmaganidan uyalibmi, hadeb yuzini chetga burar, bu ahvolu bu alpozda u zotga qaray olmas edi. Ammo salom berib, tavof etmak ham qarz, ham farz. Ozmuncha yaxshiliklar koʻrganmi bu odamdan!
— Esonmisiz, boy buva, Sizga uy ichimizdan salomlar obkeldim. Nevaralarizdan, kelinizdan...
— Bormisan, Xudoyberdi?! — dedi qariya toʻliqib.— Koʻrsatganiga shukr, hazor-hazor shukr. Diyordagilar... — dediyu u yog‘ini aytolmadi.

Shusiz ham tushunarli edi. Beshikchi qariyaga qattiqroq chirmashdi:
— Omonmiz, omon. Tangriga ming qatla shukrlar,— dediyu qariyaning bag‘ridan bir olam rohat olayotgandek takrorladi. — Qaytib koʻrarmanmi, yaxshiliklaringizni qaytararmanmi, derdim, yetkazganga shukr. Qiyomatga qolmadi.
— Faqat shuning uchun... shundan shu yoqqa... dovon oshib keldingmi, Xudoyberdi? Boshingni tashvishlarga qoʻyib?..
— Tashvish nima, boy buva! Qiyomat qarz edi, uzib qoʻyay deb keldim. Yaxshi mujda uchun dovon nima ekan, Muzotdan oshsa arziydi.

Qariya boshini koʻtarib, uning koʻzlariga bemajol tikildi. Nigohi kemshiktoyga borib-kelardi.

U tushundi:
— Ha, boy buva, tomiringizning tomirini topgandekmiz. Bu oʻzini...
— Yo Qodir Olloh! Qizimizning daragini topib keldingmi, Xudoyberdi?! Bu... mehmon bolam, desam, oʻz tomirim — nevaramizmi hali Xudoyberdi?! — Qariya azbaroyi dovdirab qolganidan shu turgan yerida choʻka qolib, bir qoʻli ila kemshiktoyni quchog‘iga tort-gan, bu qoʻli bilan Xudoyberdini uzun oyoqlaridan quchib olgan edi. Goh uning peshonasidan oʻpib, goh buning tizzalariga yuzini bosar edi. — Oh, oʻzim oʻrgilay sizlardan. Xudoyimning muruvvati — marhamati shunchalar ulug‘ boʻlarmi! Koʻzim ochiq ketmaydigan boʻldi, Xudoyberdi! Men sendan u dunyo — bu dunyo roziman. Bergan tuzlarimga-da, qanotimda olib oʻtirganlarimga-da, roziman. Ollohning karami keng. Sen tufayli men qariyaning boshini koʻkka yetkazdi. Endi omonatini bemalol topshirsam mumkin. Mahfuzamni Parvardigor oʻzi asragan ekan, hifzi-himoyasiga olgan ekan. Oh-oh, maning saman toychoqqinam, qizalog‘imning yodgorginasi.

Kemshiktoy Yodgor nomini eshitib, bir unga qarab, bir koʻzlarila yer chizardi.

Xudoyberdi oʻrtaga tushishga majbur boʻldi. Choʻnqa-yib, bolakayning avval yoqasini, soʻng yoʻlakay Oʻshning bozoridan olishgan pistonli iroqi doʻppisini toʻg‘riladi. Erkalab, yuzini siypab qoʻydi.
— Katta Eshontang... bizni boy buvamiz — mana shu kishim boʻladilar. Etaklarini oʻpib, tavof qil. Bu kunlarga yetgan bor, yetmagan bor... — deb Xudoyberdining oʻzi boy otaning yoʻl-yoʻl banoras toʻnining barini koʻziga surtib oʻparkan, beixtiyor koʻzlariga yosh quyilib keldi. Darvoqe, boshiga musibat tushib, bola-chaqasi ila koʻchada qolgan u kezlari, oʻshanda mana shu muruvvatpesha odam jonlariga ora kirganini unutib boʻladimi! (Oʻshanda masjiddan qaytayotib ekanlar. Ahvolni anglab, qoʻrg‘onlariga boshlab ketgan, tashqi hovlilaridan joy bergan edilar. Yana qancha — bir qish oʻrniga uch qish qolib ketishib edi). Ana endi bu kishining oʻsha tuz-namaklari, muruvvatlarini uzish, qaytarish vaqti yetganda, shuning uchun yetib kelganda u yig‘lamay kim yig‘lasin?! Bu zotning etaklarini u oʻpmay kim oʻpsin?!

Faqat (uning niyati xolis ekanini) bu bolakay qaydan bilsin? Anavi kungi xarxashasi, «uyimga keta-man»lari, bu kungi soqovligiyu mana bu biroz iymanib, ham tumtayibgina turishlari — hamma-hammasi qaerga kelganiyu qanday ulug‘ xonadonga mansubligini oʻzi bilmaganidan-da. Agar shu Hizrday pok kimsa oʻz buvasi ekanini bilsa edi... quchog‘iga otmasmi edi oʻzini! Manavinday iymanib, tumtayib turguncha.

Yo boy otaning salovatlari bosib... jim qoldimi, bolakay?
— Salom berdingmi, oʻzi? Bor, oʻp. Oʻzingni tanit,— dedi u dalda berib, ham kuragidan sekin itarib. — Qara, barlaridan qanday boʻylar ufurib turibdi. Jannat asli shu kishilarning oyoqlari ostida, bolam...

Ammo iymanchiq bolakay (tavba, Toshkanda bunday emasdi-ku, dovon oshib, oyog‘i «sinib» shunaqa boʻldi-qoʻydi!) jur’at etguncha boy buva barlarini tortib, bir qadam tisarilib ulgurgan edilar.
— Hay-hay, Xudoyberdi, bu nimasi? Sizlarda etak oʻpmak, sajda etmak... hali-da rasmmi? Undan koʻra, turingiz, ichkariga kiringiz. Qaerlardan mozor bosib kelmabsiz, axir. Turingiz, — deb azza-bazza qoʻltig‘iga qoʻl yubordilar. Dag‘allikdan tamomi holi qoʻl — ajib taftli edi. Xudoyberdining etiyu vujudi shirin jimirlab kelib, oʻzi turib ola qoldi.
— Uzr, boy buva, Olloh azbaroyi shu kunlarga yetkazgani shukronasiga edi, boshqacha tushunmang. Diydor shukronasi edi.
— Olloh kechirsin, shirk g‘ulusi dilimizga-da, oralab kirgan boʻlsa, shayton vasvasasiga uchgan boʻlsak. Aziz mehmonim boʻlingiz. Bir otamlashayluk, diydorlashayluk. Qani, toy bola, oʻzlari ham yursinlar.

U kemshiktoyni pinjiga tortib, quchib olgan, yuz-boshlarini silab, bir yerga yetar, quloqqinasining takkinasidan hidlab-oʻpib, qistar edi.

Yoʻlakay ariq boʻyida qoʻl qovushtirib turgan Aka pochchani koʻrib, unga-da, mulozamatlar qildi:
— E, mehmon, tog‘ oshib, mozor bosib kelgan qadamlarizga xasanotlar. Keling-keling. Urinmay-la, yaxshi yetib keldingizlarmi? Dam g‘animat — diydor g‘animat. Qani, bir omonlashib qoʻyaylik.

Ajab dunyo. Shunday basavlat odam jinchaloqdek chol oldida qoʻl qovushtirib ta’zimda turar, koʻzlariga tik qarashga botina olmas, musulmonchilik andishasimi, nimadir yoʻl qoʻymas edi. Aslida u hammas, bu hammas, cholning oʻziyu soʻzidan yog‘ilib turgan mulo-yimligu halimlik, ham yuzlaridagi tiniq bir nur uni gangitib qoʻygan edi: tavba, odam qarib-munkillab ham shunchalik koʻhlik tortib ketuvi, yoqimtoy boʻlib qoluvi mumkin ekanmi? Qaydan shuncha nur yog‘ilyapti? Balqib chiqyapti?

Aka pochcha umrida birinchi marta qari odamga havasi kelib, suqlanib boqdi. Yo, Olloh, shunday qarimoq mumkin ekanmi? Qarib ham yoqimtoy boʻlib qolmoq mumkin ekanmi, tavba?!..

Yo zuvalasi oʻzi shundoqmi, hammasi nasabdanmi?
— Qani, qani, Toshkanimizni nafasini olakelgan azizlar, biz sog‘ingan diyordan mujdalar kelturgan mehmonlar, oʻtgaysiz. Mozor bosib kelgan qadamlarizga hasanotlar boʻlsin. Hoy, Darveshali, qaydasan, oʻg‘lim. Ota yurtdan elchilar kepti-ku, axir. Tomirlarimiz kepti-ku, bizni soʻroqlashib. Nima qip turibsan? Opchiqmaysanmi qora qoʻchqorni?! Oyoqlari ostiga dumalatmaysanmi?!.

Darveshali deganlari:
— Hoziroq, boy ota, — deb koʻzdan chekilgan edi, ular hovuz boʻyiga qaratib solingan mehmonxonaga yetmaslaridan bir qoʻchqorning dumbasiga arqon solib, surgaklab keldi va koʻz ochib yumguncha, Xudoyberdining hay-haylashiga qaramay... uni oʻsha arqoni-la kullaklab, jonivorni bularning oyoqlari ostiga boʻg‘izlab yubordi. Kemshiktoy bunaqa urflarni endi koʻrishi edi, hayiqib cholning pinjiga tiqildi. Keyin oyog‘idan puflanib shishirilayotgan qoʻy ustiga toʻdalashib kelib, choʻnqayishgan bolakayu qizaloqlarni koʻrib, oʻziga keldi.

Ammo Eshon buva uni bu yerda qoldirgisi kelmay qistagandan-qistar edi.
— Yuring, toy bola. Bu qoʻy allaqachon jannatga kirib ketdi. Yo aytaymi, pufagini sizga olib qoʻysinlarmi? — Eshon buva shirin kulib qoʻyib, qoʻyning oyog‘ini koʻtarib puflayotgan Darveshaliga tayinla- di.— Hoy, qassob akasi, eshitdingiz-a, pufagini begona qilmaydigan boʻldiz.

Darveshali qorni doʻmbira boʻlib shishib, oyoqlari koʻtarilib borayotgan qoʻyni surib, bosh silkidi:
— Bir og‘iz soʻziz, boy buva...
— Ana, eshitdingiz-a, toy bola. Sizdan oʻtib hech kim unga ega chiqolmaydi. Yurdik, yurdik.

Dasturxonlari tuzatilib, ustiga yengilgina doka tortilgan mehmonxonaga kirib borisharkan, boy buva oʻsha-oʻsha soʻzamollik ila kimnidir chaqirdilar:
— Qani, baraka topgurlar, opkela qolinglar, bizga atalgan ne’matlaringizni.

Avval choy, ketidan ustiga jindek murch sepilib, bir qoshiq asal solingan shirchoy keldi. Oh-oh, uning mazasi! Asalining gurkirashi! Bu dunyoning shirchoyi boʻlmabdi! Xudoyberdi bunaqasini qachon ichganini eslolmadi.

Shu asnoda suhbat ham qovushib kelib, bir-birovlaridan koʻngil soʻrashga tushdilar. Ayniqsa, boy buvaning yonlariga chorlatib olgan «nevara»lari ila tanishuvlari goʻzal kechardi:
— Oling, toy bola, buni shirchoy deydilar, sovutmay oladilar. Jindek non toʻg‘rab yuborsangiz, naq moy boʻlib ketadi, ha, oling. Ana shunday boʻlsin. — Sal oʻtib qaytarib soʻraydilar. — Darvoqe, otiz nimaydi, toy bola?

Kemshiktoy shirchoyga non toʻg‘rashdan toʻxtab, Xudoyberdiga javdiradi: rostini aytay desa, bular oʻtiripti, ikki birday odam. Yolg‘onlashga tili bormayapti. Xudoyberdi shunday tushundi, bolakay ne deyarini bilmay undan izn kutardi. Shunga ham shukr. Bolaligiga borsa, nima qila olardi?

U qosh uchirib, bosh irg‘adi:
— Ayt, aytovur.

Ammo saritoy uning imosini oʻz bilganiday tushungan edi:
— Akbarali, — dedi.

Hammalari ang-tang qolishdi. Xudoyberdi kosani qoʻliga olgan joyda... Aka pochcha esa shirchoyni xoʻrillatib ichishga tushgan kezda... U hatto qalqib ketdi va sherigiga «Odamning har narsa boʻlgani yaxshi!», deganday qaradi. Busiz ham Xudoyberdining dami ichiga tushib ketgan edi. «Shuncha pishiqlaganda... toza uyatga qoldirdi-ku, bu huvari! Gungurs devona bizni toza tushirdi-ku. Shularga ishonib... yoʻlga chiqib yuribmizmi?»

Oʻrtaga hech gap sig‘maydirgan (na oqlab boʻladi oʻzini, na tushuntirib!) jimlik choʻkkan edi. Xijolatdan Xudoyberdining burni uchlariga qadar ter bosdi-yov... Dunyo yuzini koʻrib, bunaqa oʻng‘aysizlikka tushmagan edi...

Eshon buva — eshon buva-da. Ularni bu oʻng‘aysiz ahvoldan oʻzlari qutqardilar. U kishi hech kutilmaganda, kemshiktoyning yelkasiga qoqib, boshini siladilar:
— Ulug‘-ulug‘. Koʻp qutlug‘ nom topishgan ekan. Ikki dunyo kam boʻlmagaysan, bolam. Niyatlariga yetishsin volidu volidalaring. Qani, menga ayt-chi, nechaga kirding?

Boy buvaning yoniga choʻkkancha kosa gardishini «oʻynab» — silashga tushgan bolakay xaloskor amakilarini xijolatga tushirib qoʻyganini sezibmi, boshini koʻtara qolmas, javobga ham shoshmas edi.
— Xoʻsh, nechaga yetib, nechadan sakrab oʻttiz?
— Sakkizdan, — dedi bola axiyri zabon bitib.

Boy buva undan nazarini uzmay oʻzicha xomchoʻtlar edi:
— Koʻp yaxshi-koʻp yaxshi. Qaddi ulug‘, kabir yigit boʻlar ekansiz, Xudo xohlasa. Ol, bolam, shirchoyni sovutma. Noni ham moyga aylanib ketgandir.

Oʻzi shirchoydan hoʻplab, bolani ham qistadi:
— Men seni suyib qoldim, ol, bolam, toʻg‘risoʻz ekansan. Oxirigacha shunday boʻl, ilohim. Ayt-chi, kimning oʻg‘lisan?
— Adamni... — dedi bola endi-endi elakisha boshlab.
— Adang kim, taniymizmi? — dedi qariya allaqanday intiqib.
— Men ularni.. hech koʻrma...ganman, — dedi bola ma’yus tortib.

Boy buva uning kuraklarini siladi:
— Qaerga ketgan, ayang bilar? — Qariya yana nimagadir umid tutar edi.
— Bilishmaydi, meni... asrab olishgan...
— Asrab olishgan?..

Keng uyga allatovur jimlik choʻkkib, boy buva tomoq qirdi:
— Ayangni-chi, eslay olarsan?

Bolakay bir qarab qoʻydi-yu, koʻzi g‘iltillab, bosh chayqadi.

Hammalari mutaassirlanib jim qolishdi. Aka pochchaning-ku, qovog‘i tushib ketdi. Ora-chira yer ostidan sherigiga oʻqrayib-oʻqrayib qarab qoʻyadi. Lekin u ham qani bosh koʻtara olsa: ich-etini yeb, tizzasini silab oʻtiribdi.

Boy buva uzun tin olgan kabi koʻzlarini yumib, bir muddat jim qoldilar-u, soʻng qoʻzg‘oldilar, boyagidan ham yumshab-halim tortib, bolani yelkasidan quchdilar.
— Yetimning baxti yettita, — dedilar suyib, — sen oʻkinma, bolam. Avvalo, g‘amxoʻri Xudo. U qoʻllab tursa, bosh silaguvchi qoʻl topilmay qolmas. — Soʻng yelkasini silab, oʻzlariga tortib qoʻydilar. — Bu amakilaring ham hafa qilishmagandir, axir? Ularga qanday roʻbaroʻ boʻlding? — dedilar uzoqdan kelib.
— Eshigimizga devona kelib edi, — dedi bola endi yashirmay.
— Qanday devona? — dedilar u kishi Xudoyberdiga qarab olib.

Bola tushuntira olmay qiynaldi:
— Ka-at-ta... sap-sariq odam.
— Tilanibmi?
— Eshikma-eshik yurgan ekan, «haq-doʻsti»ni aytib...
— Darvesh ekan-da, Soʻfi Olloyordan oʻqib borgan boʻlsa?! Yo qalandarmidi?

Bola yelkasini qisdi. Uning oʻrniga ham Xudoyberdi javob qildi:
— Jindek biladi shekilli oʻshani ham...

Qariya bu gapga e’tibor qilmay, boladan soʻradi:
— Keyin-chi?
— Ergashib Kalkovuzni koʻprigigacha bordik.
— Xoʻsh-xoʻsh? — dedi qariya bir narsalarni anglagandek boʻlib.
— Keyin anhor boʻyiga oʻtirib, soʻray ketdi.
— Nimanu?
— Musofir bormu, kimnikida turadu, dedi.
— Sizlar-chi? — dedi qariya titrana boshlab.
— Biznikida, dedim.
— Soʻng?
— Sen kimusan, dedi. Oʻg‘illariman, dedim.
— La ilaha illalloh! — dedi qariya ichdan imon keltirib.— Xabarini chiqaraman, desa shu ekan-ku!— U gapiravur, gapiravur, degandek, im qoqib, bolaning yelkasini silar ekan, qoʻllari titrashga tushgan edi.— Otingni... soʻramadimi?
— Soʻrab edi... Yodgor, dedim...
— Nega, bolam?

Bola koʻzlari ila yer suzdi:
— U bilan ketgim, ketib qolgim keldi.
— Voy, seni! Nega, axir? Kim xafa qila qolib edi?
— Ular urushganlari-urushgan edi...

Hammalari hayratda qolgan edilar.
— Ularning kim? — dedi boy buva. U hamon saritoyning kuraklariyu boshlarini silar edi.
— Asal opam... tergayverib... urishaverib qoʻymasdilar.
— Kim, asrab olgan opangmi? Yo aya dermiding?

Bola burnini tortib qoʻydi:
— Aya, deb ham koʻrdim, opa, deb ham... Qarg‘aganlari qarg‘agan... edi.
— Ha-a, — dedi qariya bolaning holiga tushunib. Uzoq jim qolib, yelkasiga qoqdi: — Musofirlar-chi, Yodgor-chi, kim edi sizlarga?
— Ular boloxonamizda turishardi. Tog‘am koʻchirib kelgandilar.

Qariya shoshib qoldi:
— Shoshma, shoshma, tushuntiribroq ayt. Qaysi tog‘ang? Qaerdan koʻchirib kelgan edi? — dedi boy buva bir narsalarni anglab yetganday, yetayotgandek. Qolaversa, yana boyagidek uning kuraklarini silab-siypalashga tushgan edi.
— Men bilmayman, Chaman tog‘am biladilar, — dedi bola.
— Ular-chi, Yodgorni oʻzi, opasi-chi? Darvesh borganda qaerda edilar? — negadir ijiklab soʻrashga tushib ketgandi qariya.
— Yodgorning ayasimi, bannisada edilar.

Xudoyberdilar hech narsa deyolmay qolishgan, savol-javobni yolg‘iz boy buva qilar edilar.
— Valloh-valloh! Koʻpdan berimi? Bola boyaqish-chi?
— Kim, Yodgormi? Sog‘inib ketganda obborishmasa, boshqa oborishmasdi. Chiqarishmasdi uydan.

Boy buva ichi olovga toʻlib borayotgandek bir holatga tushib, xoʻrsindi.
— Yo Olloh! — dedi ichi sidirilib. Bir muddat boyagidek, balki undan koʻproqdir, koʻzlarini yumib tek qoldi. Soʻng: «Shundaymidi, shunday kunlarga qolishib edimi?» deb shivirlarkan, bolani qayta-qayta bag‘riga tortib, peshonasidan oʻpar, nima qilayotganini oʻzi uncha anglab yetmasdi. Axiyri oʻziga kelib, bolaning koʻzlariga qaradi:
— Darvesh-chi, uzoq-uzoqlarga olib ketsam... ketasanmi, dedimi?

Bola bashoratchi cholning yuzlariga termulib qolgan, qaerdan bila qolganini anglab yetolmas edi. U devonaning gaplarini soʻzma-soʻz aytayotgan edi.
— Ha, — dedi bola axiyri hech narsani yashir- may. — Tangritog‘ga ketsanmu... buvanglarni yurtiga, dedi.

Cholning vujudi titranib kelib, oʻzi bemajolgina orqasiga suyaldi. Suyaldiyu bir burda tortib, par yostiqqa botdi-qoldi. Ammo xayol opqochib, qisiq tort-gan koʻzlarini bolakaydan uzmas, uzolmas edi. Unga allatovur bir umid-la boqardi. Nihoyat, zoʻr-bazoʻr yutindi:
— Oʻshal Yodgortoyning ayasini koʻr... koʻrganmisan, oʻzing?
— Nega koʻrmay?!. Boloxonada kattakon rasmlari turar edi, — dedi jonlanib. — Oʻzlari yaqinda tuzalib chiqadigan edilar.
— Tuzalib chiqadigan? Shunday degan tilingga shakar sening, bolam. Shu vaqtgacha qaerda eding?! Avvalida aytmaysanmi shuni! Qanday mujdalar olib kelganingni bilasanmi, bolam! — qariya uni qayta bag‘riga tortib ulgurgan, peshonasiyu yuz-koʻzlaridan oʻpib tolmasdi. Ora-orakay Ollohga hamdlar, shukronalar aytib tinmasdi.
— Yo, qodir Olloh, chindan buyuksan, har narsaga qodirsan, chevarsan. Shularni sababchi etib, jigarlarimdan xabar bermoqdamisan, mujdalar yetkazmoqdamisan? Oʻzing naqadar rahimu rahmonsan. Gʻamxoʻru mehribonlarning mehribonisan, — derdiyu bolani bag‘ridan boʻshatmay yoshli koʻzlarini yuzlariga suykar, boshlaridan iskalanib, peshonalaridan oʻpar, bu dunyoniyu qayda oʻtirganlarini unutgan edi. Soʻng oʻziga kelib, yana alqay ketdi:
— Yodgortoyning ayasi degan tillaringdan seni!.. Nima deyayotganingni, qanday ulug‘ xabar keltirganing-ni bilasanmi, bolam?! Biz ota yurtga yoʻllagan, Olloh panohiga yuborgan qizimiz, tirnoqqinamiz tirik ekan! Hatto Yodgorchasi, toychog‘i bor ekan! Tillaringga shakar sening! Ularni koʻrgan mana shu qora koʻzlaringdan seni. Soʻzlarini eshitgan mana bu jimit quloqlaringdan oʻzim oʻrgilay. Nevaraginamiz bilan bir hovlilarda chopqillashib oʻynagan oyoqlaringning gardi boʻlay, boʻtam. Yurtga osh tortib, ziyofatlar berishga arziydigan xabar keltiribsan, oʻg‘lim! Barchangizning qadamlaringizga xasanot.

U avval qisinib, soʻng lol qolib oʻtirgan Aka pochchayu Xudoyberdilarga oʻgirilib, minnatdor-minnatdor tikilarkan:
— Sizlarga-da, hasanot. Ollohning rahmatlari boʻlsin, — deb alqardi. — Sizlar qisinmang, xonadonimga suyunchilig‘ opkelasiz-u, xijolatga botasizmi?! Avval-boshda niyatingiz toza boʻlgan, ulug‘ boʻlganki, mana, Olloh ham sizni uyaltirmadi. Qaytaga yuzlaringizni yorug‘ etib turibdi. Tangri shunday buyuk, pok niyatlarni yuzaga chiqarib, yuzni yorug‘ etguvchi zot. Unga hamdu sanolar boʻlsin! Subhonallohi va bihamdihi, subhonallohil aziym.

Eshon buva kutilmaganda deraza tavaqalarini ochib, tashqariga ovoz berdilar:
— Hoy, kim bor? Darveshali?
— Labbay, boy ota. — Katta kadi nok tagida qoʻy soʻyayotgan boyagi norg‘ul yigit qoʻlidagi pichoqni terisi shilinib, oyog‘idan ayrishoxga ilinishga taxt boʻlayozgan «pilla qoʻy» (jonivor bir enli yog‘ bog‘lab ketibdi oʻziyam!) yoniga tashlab, oʻzi ariqdan xatladi.

Ammo Eshon buva (odam chaqirishga chaqirib qoʻyib!) hayajonini ovoza qilishdan tiyilgan edi. Mehmonlardan istihola qildimi yo fikridan qaytdimi, qoʻl silkidi:
— Mayli, biz oʻzimiz... oʻzimiz kira qolamiz. Toy bolam bilan, xushxabar opkelgan elchi bolam bilan. Axir otin buvingiz bor u yoqda, ichkaridagilar bor, mujdaga ilhaq oʻtirganlar bor. Yuring, toy bola. Amakilar aybga buyurmay oʻtirib turishadi. Biz ichkari kirib chiqqaymiz. U yoqdagi sandiqlarni ochtiraylik-chi, otin buvimizning bizga atagan nimalari bor ekan!— deb mehmon bolani yetaklab, avval hovliga tushishdi, soʻng ariq ustidagi taxta koʻprikchadan oʻtib, ichkiri hovliga qarab yurdilar. Katta ariq ham xuddi oʻsha joyda devor tagidan oʻtib, ichkariga kirib ketgan, u yoqda ikki chetini sapsar gullar tutgan suv yoqalab borgan yoʻlka koʻrinar, u hovlining oʻrtasidagi hovuz-shiyponni aylanib oʻtib, yana bir taxta koʻprikka taqalar, u yog‘i gulini qiyg‘os toʻkib, xumcha-zirak taqib yuborgan giloszor ortida ichkari uylarning derazalarigina koʻzga chalinar edi. Ichkari shunaqa orasta, gulu gulzorlarga, satta giloszorga koʻmilgan, u yoqdan tiq etgan tovush kelmas edi.

Lekin oradan bir muddat oʻtib, Eshon buva toy bola bilan boshlashib, oʻsha taxta koʻprikdan ham oʻtib (uning ikki chekkasiga bejirim panjara oʻrnatilib, havorangga boʻyab qoʻyilgan, shunaqa koʻprikchalar har yer-har yerda — shiyponga boriladigan, oshxonaga oʻtiladigan joylarda ham koʻrinardi) ojizalar saltanati — otin buvining qaramoqlariga kirib borishdiyu ichkari bamisoli beshiksolar tusini olib, ayollarning hay-huvlariyu bola-baqralarning qiy-chuvlari bilan toʻldi. Ular sochqi terarmidilar yo kelinga tishlatib olingan nonni opqocharmidilar — daf’atan anglash qiyin edi. Ammo sochqi sochilayotgani aniq, duolar qilinayotgani aniq. Boyagi halinchak uchayotgan qizalog‘u bolakaylar oʻsha yoqqa yugurib ketishgan, goh bir yerga yopirilib, bir nimalar terishar, goh bir-birlariga koʻz-koʻz qilib, sakrab-quvnashar edi. Eshon buva aytmoqchi, otinoyining sandiqlari ochilib, soch-qi qutilari boʻshayotir edi.

Toy bola esa qanday sarupolar bilan siylandi ekan?!

Bu yoqda Xudoyberdi bilan Aka pochcha ichlari tushib, juda hayallab ketishdi-ku, deganday hovliga moʻralashar, bir koʻngillari qoʻyni nokka ilib, ichak-chavog‘ini tog‘oraga olayotgan qassob yigitning oldiga chiqqilari, u yoq-bu yoqdan hangomalashgilari kelardi-yu, izn berguvchi yoʻqligidan qimirlay olishmasdi. Lekin, axiyri yaxshi chiqdi, a, uyaladigan ish boʻlmadi, a, degandek bir-birlariga jilmayib qoʻyishar, butun fikru zikrilari ichkarida edi.

Bu orada xoʻppasemiz oshpaz oxun kirib, choyni yangilab ketdi. Orqasidan chinni likopchalarda jimitday qoshiqchasi ila (oh-oh, shunaqayam gurkiraydimi hidi!) nima deng — noʻxatshoʻrak kiritishdi! Aka pochcha umri bino boʻlib bunaqa mazali (ilig-a, ilik!) taom yemagan edi! Ustida yog‘i-dumbalari bilan yana! Tavba, endigina nokka osilib, hali boʻlaklab ulgurilmagan, boya oyoqlari ostiga soʻyilgan qoʻyning dumbasi qachon qozonga tushib ulguribdi ekan? Yoki bu boshqa qoʻydir. Darvoqe, boy otaning qoʻylari bittami, soʻyib boʻlishguncha qozon osolmay oʻtirishsa.

Shu tob bolalarning shod qiyqiriqlari yangray ketdi:
— Pufak, pufak! Mehmon bolaga pufak!..

Xudoyberdi oʻgirilib, ichkari ostonasidan xatlab oʻtgan oʻrtadagi mehmon bolaga koʻzi tushdiyu g‘alati boʻlib ketdi. Uni qarang, kim kelyapti?!. Chindan ham boy ota bilan yetaklashib kim deng — og‘zi qulog‘ida toʻy bola, ha-ha, zar toʻnga oʻralib, boshiga yaltir-yultir pistonli doʻppi, uning ustidan oq-oppoq salla oʻragan, peshini esa qulog‘i yonidan tushirib (voh, shahzoda boʻp ketibdi-ku, bizning kemshiktoy!) naq peshonasiga jig‘a — ukpar taqqan toy bola kelar edi. Oyog‘ida poshnali jajji qizil etik. Shahzodadan qaeri kam?!

Eng orqada esa ikki xizmatkor qoʻshqoʻllab sarupo koʻtarishgancha shu yoqqa kelishar edi. Ularga atalgani shekilli?!
— Ie, hali bizni uyaltirib... nima qilmoqchilar?— deb yubordi Aka pochcha.
— Mening qoʻrqqanlarimni ayting, Eshon buvadan uyalib qolamanmi deb!.. — deya yengil tin oldi Xudoyberdi. — Bu yog‘ini Olloh oʻnglab qoʻyganini, Yodgor boʻlmasayam, oʻsha hovlidan boʻpchiqqanini koʻring! Chindan Olloh oʻzi chevar ekan-a!
— Nimasini aytasan. Adashtirsa, hozir kim edik?! Bir qop loymi?..
— Ilohim, bundan keyin ham Oʻzi oʻnglasin, uyalgulik qilmasin, — dedi shivirlab Xudoyberdi.

Shu tob zinada oyoq tovushlari eshitilib, ular shoshib oʻrinlaridan qoʻzg‘olishdi.

Ostonada zar toʻnining yoqalariga qadalgan pistonlariyu yaltir-yulturlari koʻzni olgudek, sallasining jig‘asidagi upkari sepkil yuzini biram ochib yuborgan toy bola koʻrinib, beshikchi unga qarab yurdi.
— Voy, saritoy «shumtaka»ey, shu kunlarni orzulab, oʻsha yolg‘onni toʻqigan edingmi? Balo ekansan-ku! Shahzoda boʻp ketibsan-ku, — deb yubordi u. Keyin ikki qadam bosib, quchoq ochgancha choʻnqaydi:
— Kel-kel, oʻsha yarqiragan peshonangdan bir oʻpay,— dedi intiqib.

Oʻsha Dovqurlardan Biri

I

— Voh, uni qara, Maqsud! Zilolligiyu tiniqligini koʻr! — Olim akam koʻprikdan oʻtiboq mashinasini yoʻl chekkasiga burdi. — Bu suvda yuzni chayib, toʻyib-toʻyib ichmaslik, tavof qilmaslik gunoh...

U sog‘ingan narsasiga yetishgan kishidek, koʻprik tagidan qaynab-charx urib chiqayotgan bir tegirmon suvga suqlanib qolgan edi. Anhor esa yoqasidagi maysayu yalpizlarni oʻpib, yana chappor oʻrib oqib yotardi.
— Qaerlardan oʻtib kelyapti, bu jonivor, bilasanmi, Maqsud?
— Naq Beshog‘ochdan keladi. Koʻlning ichi bilan oʻtib, Semonkoʻprikning tagi bilan chiqib, shunaqasi Chilonzoru Qatortol oralab...
— Qoyil, bilarkansan. Chindan pakana parisan-da, oʻzing, — deya akam anhor boʻyiga choʻnqayib, yuzini pishib-pishib chaymoqqa tushdi. — Oh-oh-oh, hech yerda topilmaydigan anhorimiz bor-da.— Soʻng yarim oʻgirilib, im qoqdi: goʻyo kelmaysanmi, sog‘inmadingmi, demoqchi boʻlardi.

Uning kayfiyati menga ham yuqib, yaqin bordim-da, choʻnqayib koʻzyoshdan ham tiniq suvni hovuchimga olib turib qoldim. Jonivor hovuchimda kilkillab turar, nafsim qilqillayaptimi, suvmi ajrata olmasdim.
— Bunaqasi jannatlarda boʻladi, xolos. Qonib-qonib ich, hali oʻrniga yuz-ming dumalab ham topolmaysan, — deya Olim akam hovuchlab-hovuchlab icha ketdi.
— Unaqa demang. Hammayoq buzilib ketsa ham, bu anhorlar qoladi, — dedim men. Rostini aytsam, ichimga bir g‘ashlik oʻrmalab kirgan-u, uni oʻzim ham tan olgim kelmasdi.
— Heh, sodda-beg‘ubor ukam-a! — deb yuzini artmayin ham maysa ustiga uzanib oldi akam. Oʻziga qolsa, shu sharqiroq suv boʻyida, mana shu tol soyasida yonboshlagisi bor. Keyin koʻchaning ikki yoqasidagi oʻz holicha g‘ujg‘on gullay boshlagan yetim oluchayu noklarga parishonhol tikilib, qult yutindi. Koʻzlari namlanib keldi.
— Shunday guzargayam... it tegibdi, Maqsud, — dedi burnini alamli jiyirib. Lekin oʻzi koʻzlarimga qaray olmasdi.

Men hovuchimdagi suvni toʻkib, u aytgan tomonga oʻgirildim. Tuprog‘i oʻynab ulgurmagan koʻchaning ikki betidagi tomlari ochib tashlanib, eshigu derazalari allaqachon koʻchirib ketilgan hovli-joylar bir g‘arib koʻrinar edi. Kimsasiz hovli-bog‘larda kesilmay qolgan mevalarning oʻz holicha qiyg‘os gullab yotuvi undan-da g‘alati edi. Asalarilar ustida ming g‘ujg‘on oʻynamasin, qarqunoqlar qiv-qivlab, qushlar uchib-qoʻnmasin, koʻzni quvnatolmasdi. Guzar balo oralab, odamlari shosha-pisha tashlab ketgan bir mazgilni eslatar, anhor yoqasidagi choyxonalar boʻm-boʻsh, supalar huvillab yotar, maktab hovlisi suv quygandek jimjit edi. Kattakon darvozasi valongor qolgan, bir tavaqasi qulab tushib, koʻprik ustida yotar, sinfxonalar ham buzib ketila boshlagan edi. Hov, nariroqdagi- na — Mastuba opaning doʻkoni oldida allaqanday qa-lang‘i-qasang‘i odamlarning qorasi koʻrinadi. Biz bir mahallar — hayitlarda Mirtoʻxa amakining choyxonasi oldidagi sharqiroq ariq boʻyiga choʻnqayib, mitti ruh qoshiqchalar ila bu olamning eng xushxoʻr tao- mi — noʻhotshoʻragimizni paqqos tushirib, jajji likopchalarni yalab qoʻyadigan joyimizda endi oʻsha kelgindilar uchta-uchta boʻlib, Mastuba opaning doʻkonidan opchiqqan narsalarini maydalashar edi. Nechuk, Mirtoʻxta amaki koʻrmay qoptilar? Koʻrsalar, uzun supurgilarini olib, quvib qolardilar-ku. Ha, ana, oʻzlari:
— Endi senlar qoluvdilaring, bu yerlarni harom qilmagan! Tanglaylaringni shu bilan koʻtarganmi, nima balo, shu doʻkonga tanda qoʻyvoldilaring? Qurgan imorating bilan qoʻshmozor boʻlgurlar. — Mirtoʻxta amaki — jimit boboy sannay-sannay, vaysay-vaysay u «chaqirilmagan mehmonlarni» quvib yuborib, supurgilarini taxtasoʻri tagiga tashlagancha ichkari kirib ketdilaram, doʻkon oldiga boshqa «laylak tumshuq» mashina kelib toʻxtab, ichidan boshqalari tushib kelishdi. Mastuba opaning doʻkoni xuddi chanqovbosdi bir chashmayu ularning boshqa boradigan yerlari yoʻqdek edi...
— Guzar ham xarob boʻpti, — deya Olim akam qoʻlini qoqib, oʻrnidan turdi. — Ketdik.

Shusiz ham tushunarli narsani aytib oʻtirganidan og‘rinib, betiga qarab edim, u battar achitib, chaqib oldi:
— Bular tumshug‘ini tiqmagan shu yer qoluvdi! Shunday deb yozib koʻr-chi, bosarmikan gazetang?

Alamimni qult yutib, men ham turdim. Indamay borib, mashinaning orqa oʻrindig‘iga choʻkdim-da, eshigini qars yopdim. Ichimda esa, bir olam g‘alayon kechardi: siz oʻz akalaringizning qarorgohidan mashvaratlar xabarini berib yurgan chog‘da shu aqlingiz qaerda edi?! Hammani kallavaram «qoʻy» hisoblaysiz!.. Pichoqni avval oʻzingga ur, og‘rimasa birovga...

U qishloq yoʻliga hecham yarashmagani yilt yangi (hov yong‘oq tagida, kimsasiz choyxonannig supalariaro quvalashib uchib yurgan bir juft qorashaqshaq qanotidan ham qoraroq) mashinasiga kelib oʻtirib, kaftdek old oynasidan mahzun qarab qoʻydi:
— Kechirasan, pakana pari, yarangni yangilab qoʻygan boʻlsam...

Shu bir og‘iz soʻzi bilan... voh, ginalarimni par-qudek toʻzitib yuborsa-ya.
— Ketdik, hov anavi tut tagida toʻxtab oʻtaylik, — dedim, — zora Mirtoʻxta amaki bilsa, qaytdimikan, yoʻqmi?..
— Kim?
— Qidirgan kishimiz-da.
— Ha-a,— dedi u eslab va bir xijolatga tushib.— Otto tog‘ami?

Oʻz navbatida men hayratga tushdim:
— Kim, sutchimi?

Akam bir tur oʻzgardi: aytsa, xuddi sirni ochib qoʻyadigandek oʻzini goʻllikka solib, mashinasiga chal-g‘idi:
— Rost aytasan, mashinani oʻsha yerga tashlab keta qolamiz. Chang jonivorning ich-ichigacha kirib bormasin.
— Ixtiyoringiz, — dedim men.
— U yog‘i oz qoldi shekilli?— dedi u tusmollab.— Tepadan oʻtsak, bas-da!
— Yoʻq, — dedim men, — Umarjon akaning tepasini oshmayoq shunday mezananing pastida.
— Esladim. Anavi devor bilan oʻralgan yolg‘iz qoʻrg‘onni aytasan-da. Bilaman, bilaman, — dedi u mashina oynasini artishga chalg‘ib.

U chalg‘igan sari mening savol xaltam ochilib borar, boyagi gapi hech qulog‘im ostidan ketmasdi. «Otto tog‘asi nimasi ekan, oʻzining bir chiroyli ismi-chi?». Soʻrashga esa tortinardim.

U arzandasiga oʻt oldirib, ohista yoʻlga burdi-da:
— Qara-ya, — dedi, — shunday mashhur odam umrining oxirida qaerga kelib makon tutibdi!
— Obkash koʻtarib yurishini aytasizmi? — dedim men.
— Darveshnamo turishi-da, — dedi u.
— Balki shu yoshga yetgach, hamma ham tinchini koʻzlab qolar?
— Hamma oʻz yoʻliga, lekin u boʻlak toifadan. Sen bilmaysan-da.
— Qanday? — dedim men ichim qurib.
— Hov, — dedi akam bir g‘alati entikib, — uning-dek boʻlish hammaga nasib etsin-chi! Etmaydi! — U ichimga olov yoqib, qarab qoʻydi. — Bilasanmi, ilgari uni kimga mengzashardi? Oʻsha eng gullagan chog‘lari?
— Kimga? — dedim hayratim ortib. Ichimda esa bir olam ishtiboh! Oʻshanday odam... shuncha shuhrati bilan hammasiga etak silkib, manavinday sutchilik qilib yurarkanmi? Qayoqdagi gapni aytadi?
— Chinakam ritsarlarga! Boʻladi-ku, oʻtda yonmas, suvda choʻkmas mard kishilar! Oʻshalardan ham oʻtar edi.

Olim akam meni mahliyo etib qoʻyib, endi oʻzi betimga qarab ham qoʻymas, qora tulporini ohista haydab borar edi. Men esam uning koʻzlariga, koʻz qorachiqlariga bir qur qarashga zor-intizorman. Opqoch-yaptimi, chindanmi — bilgim keladiki, u yog‘i yoʻq. Oʻzi esa, kamiga davom etardi:
— Eng qaltis ishlarni shunga topshirishadi ekan! Shugina oʻrinlatib kelarkan!
— Shunaqa, chapanisi ekanmi?!
— Chapaniyam gapmi!
— Etik yechmay suv kechgich, deng?
— Boʻladi-ku, yerga ursa osmonga sapchigich, te- girmondan ham butun chiqquvchilar! Tasavvur etyapsanmi?
— Etdim. Dovqurning ham dovquri!
— Oʻlma! Botur deydilar bizda. Ular esa ritsar! — dedi u viqor bilan. — Bekorga Otto tog‘a derdilarmi?!
— Otto tog‘asi nimasi? — dedim oʻsha kaftdek choʻzinchoq bejirim koʻzgudagi «koʻzlari»dan nigohimni uzmay.

U jindek qizardi, ha-ha, oq yuzining bir chekkasiga bilinar-bilinmas qizillik yugurib, oʻsha koʻzgudan xijolatli qarab qoʻydi. Ammo javobdan qochishga bahonai sabab topolmadi:
— Avvalo, nima emas, kim! — dedi oʻlganining kunidan. — Ottodan ham oʻtadi deganlari! Boʻlgan-ku, shunaqasi: Otto Skortseni deganlari. Eshitganmisan?
— Qaysi, anavi Mussolinini opqochganmi?
— Bizdan ham bitta oʻshanaqasi chiqqan ekan.
— Nima, u ham shunga oʻxshash topshiriqni... ado etganmi? — «Kimni.. opqochgan?» demoqchi boʻlardim-u, tilimning uchidagi soʻzni aytolmasdim. Shu tob qay bir pag‘a bulut oftob ustidan suzib oʻta boshlab, soyai rahmatini yerga tashladiyu Olim akamning yuzidan ham nur qochdi. Oʻzi tulporini bir chetga olib, toʻxtatishga chalg‘idi.

Biz choyxona oldidagi ulkan tut tagiga kelib toʻxtagan edik.
— Buni, ochig‘i, hech kim bilmaydi. Taxmin qilishadi, xolos, — dedi kalta qilib. — Qolaversa, bu davlat siri. Tushunding? — deb u mashinasidan tusha boshladi.
— Tushundim, — dedim men ham. Lekin hamma gapni tushunib turgan boʻlsam-da, ichimda mingta ishtiboh charx urar, ularning birontasiga tayinli javob topolmasdim.
— Mavrudi kelib, bari ochiladi, — dedi u pastga tushib olib, — albatta, ellik yo yuz yil oʻtib, lekin unda dunyo ikki aylanib kelgan, sutchi ham, boshqasi ham koʻkarib chiqqan boʻladi. Bu dunyo shunaqa, ukam. Har dovqurlargayam boʻlishganmas. Boʻlishsa, shu odam topardi qadr.

Voh! Shuning uchun baridan etak silkib, sutchilik qilib yurgan ekanmi?! Uy-joyidanam, yaqinlaridanam kechib?

Asta’firulloh! Shu xayol kechguncha vaqt ichida sutchi nazarimda Ulug‘ xokisor odamdan — mayda, oʻtkinchi bir kimsaga aylanib ulgargan, koʻnglim undan irib bormoqda edi. Nahot bor-yoʻg‘i bir jizzaki kimsa boʻlsa? Biz uni kim deb, salkam avliyo sanab yursagu...
— Dovqurligi shumi? — dedim hafsalam pir boʻlib.

Olim akam yuzimga qarab turib, ichimdan oʻtayotgan narsani anglab qoldi shekilli, nogahon yumshadi:
— Balki biz adashayotgandirmiz. Axir, birovdan oʻtganini birov qaerdan biladi?
— Shunisi ham bor...

Axir hazilmi, hammaning nazdida kim boʻlib yurgan odam... bir kun kelib, manavinday tarki dunyo etib, bir kulbaga kirib olsa?!

Olim akam meni bu kabi oʻylardan chalg‘itish uchunmi, koʻcha oʻrtasiga tushib, bir aylandi:
— Voy-boʻ, — dedi u atrofga alanglab, — guzarning guzarligi qolmabdi-ku. Qani uning gurillagan davrlari?
— Bu-chi? — dedim men atay, sut bozorning qavatida yolg‘iz omon qolgan doʻkon bilan choyxonaga imo etib.
— Bu ham besh kunlik omonat-da, keyin nima qoladi? Guzarga avtobus ham kelay qoʻyganmish-ku, toʻg‘rimi? — dedi u.
— Ancha boʻldi, pastki yoʻl bilan Qang‘liga oʻtib ketyapti. Bir obod boʻlgan joyning bir xarob boʻlishi shu boʻlsa kerak-da, — dedim bir enlik et tashlab.

Olim akam chetga chirt tuprindi. Biz ilgarigi baqqolchilik rastalari roʻbaroʻsida mahzun turar edik. Hozir u rastalar oʻrnida na qurutchi Olim otaning kursisiyu na yoymachilarning himarilgan xaltalari koʻrinar edi.

Shu tob Mirtoʻxta amakining oʻzi choyxonasidan sannab chiqib kela boshladi:
— Hoy, Mastu, uyginang kuymagur Mastu, bularingga nariroq bor, desang tilginang qirqiladimi? He doʻkoningga oʻt ketsin, shularni sug‘orguncha. Ikki dunyong kuyib ketdi-ku, bu savdongdan.

U jaholat ichida bizni koʻrmagan ekanmi yo koʻrgan boʻlsa ham, bu doʻkaylar eshitib qoʻysin, deb shang‘illayotgan ekanmi, koʻchaga chiqqan joyida hovridan tushib, toʻng‘illab qoʻydi:
— Odamnnig har narsa boʻlgani yaxshi: shusiz kuning oʻtmay qolyaptimi?! — Soʻng qoʻllarini qoqib koʻrishgani kela boshladi.— Ie-ie, voy, eshon bollar-ey. Nechuk-nechuk, bu puturi koʻtarilgan guzarlarga kirib yuribsizlar?
— Bir tanishimizni soʻroqlab-da, ota, — dedi akam gapning uchini ochib, — qarasak, hammayoqning itirqinini chiqarib tashlashibdi. Kim koʻchgan, kim qol- gan — tusmollabam bilib boʻlmay qopti.
— Nimasini aytasiz, oʻg‘lim, itirqinam gapmi, toʻzitdi-ku juda. Shunday joylar xarob boʻldi-ya, voy-voy-voy, uvoli tutsin-a, uvoli. — U mushtdek boshini sarak-sarak qilgancha yanog‘idan ham kichkina tortib ketgan dahanini qoq barmoqlari bilan tutamlab-silar edi. — Kimni aytyapsiz, balki tanirman?

Men tushuntirdim:
— Anuv Umarjon akaning tepasidagi mezananing tagida turadigan kishi-chi, sutchi...
— Ha, avliyami? — dedi amaki g‘oʻldirab, ammo uni suyib-yoqtirishi yuzidanoq koʻrinib turardi.
— Qanday avliya? — dedi akam tushunolmay.

Mirtoʻxta amaki tishsiz milklarini koʻrsatib, sassiz kuldi:
— Oxiratini deb, bu dunyosiga etak silkib qoʻygan odamni avliyo demay, kim deymiz?!.
— E-ha, shundaymi? — dedi akam.
— Hammayam etak silkiy olsin-chi! Olmaydi, nagaki dunyo shirin, — dedi u bir g‘alati bosh irg‘ab. — Ilhom qori bir yoʻla hammasidan kechdi.
— Qori? Bir yoʻla?.. — Akam hech narsadan hech narsa yoʻq, qalqib ketgan edi.
— Halloq-halloq. Xaloq deng, eshon bola, — de- di u.

Akam qaytarib, oʻziga keldi. Mirtoʻxta amaki davom etardilar:
— Iymoni butun ekan, kechdi-qoʻydi-ya, hammasidan. Mana, biz ham oʻtiribmiz-da, choyxonamizdan ajrasak, bor budimizdan ayrilib qoladigandek...
— Bugun koʻrinmadilarmi? — dedim gap orasida.
— Avliyami? Har kuniyam asrga qolmay qaytadi. Peshinni Kamolondami, Novzadami oʻqib, asrni, albatta, tahoratni yangilab, uyida oʻqiydi. Uning bu tarz — faqir kishi panada yurishi ham shundan. Darvoqe, topib bora olarmikansizlar, yo bola qoʻshaymi?
— Tepakoʻcha surilib ketmagan boʻlsayoq topib olamiz, — dedim.

Mirtoʻxta amaki «hov»lab, qoʻl silkidi:
— Ho-ov, eshon bolalarim-a, tepa qoptimi-ya?
— Mezanasi-chi, uniyam olib tashlashmagandir?..
— Turibdi soʻppayib, oʻlgan otni ustixoniday... Hamma fayz oʻsha tepaminan ekan.
— Demak, tog‘a ham koʻch-koʻronlarini koʻtarib... — tusmolladi akam.
— Kim, avliyami? Qayoqda! Hech yoqqa jilmay, qum-toshdek oʻtiribdi.
— Yoʻg‘-e?! — dedik baravariga.
— Barakalla oʻshanga! — dedi amaki g‘oʻldirab, ham koʻtarilib. — Koʻkragida yoli borakan! Boshqalar miq etmay koʻchib-koʻchib ketganida, u qoʻzg‘olibam qoʻymadi! Qani, hamma uningdek boʻlolganida! Qoʻzg‘otib boʻlarmidi bu xalqni bu jannat joylardan? Hammalari har yoqqa hijrat etib boʻlgan ekan. Soʻnggisi shu ekan!

Men Mirtoʻxta amakining gaplaridan ang-tang qolgan edim. Kimni aytyapti bu odam? Nahot Sultonmurod akamni, u bilan bog‘liq tarixlarni biladi? Oʻshalarning soʻnggisi, demoqchimi?

Yalt etib Olim akamning yuziga qarasam... u ham amakining gaplaridan lolu hayratda turibdi!
— Chindan-a? Oʻsha necha bor «tegirmon»ga tushib chiqqan odam-a? Zada boʻlmabdimi? — dedi, soʻng amakining javobini ham kutmay bosh toʻlg‘adi, — yoʻq, esini yeb qoʻyibdi, tog‘a! Bu oʻt, bu olov bilan oʻynashib boʻlarkanmi?!

Mirtoʻxta amaki boshini orqaga tashlab-tashlab kuldi:
— Xeh, eshon bola-ya, eshon bola! U siz bilgan Il-hommas hozir.— Amaki kulganida tirqirab chiqqan koʻzyoshlarini dam kaftiga, dam yengiga artib tinchidi-da, aftimizga qaramayin ham: — Qani endi hamma ham u qoʻrqqan narsadan qoʻrqib, qoʻrqmaganidan qoʻrqmay qoʻya qolsa! Olam guliston boʻlar edi-ku! — dedi.
— Yoʻg‘-e, — akam qansharini hardamxayol siladi.
— Shu odamlarning duosidan qiyomat qoʻpmay turibdi-da, ukam, Oʻtsangiz, kech kirmay oʻtib kela qo-linglar. Asrdan keyin topa olmay qolasizlarmi, uy buzuvchilar oldiga aylanib ketadigan odati bor. Mashinangiz shu yerda qolaversin. Oʻzim koʻz-quloq boʻlib turaman.

Mirtoʻxta amaki shirin g‘oʻldirab (uning ovozi negadir qulog‘imga yoqib qolgan edi, tavba) sidqidil duo qildi va biz jildik.

II

Daydi yomg‘ir shivalab oʻtib, koʻcha tuprog‘ini chakichlab ketgan katta koʻchadan pastga qarab borib, oʻngga burildik. Guzar ham baharnav ekan. Qayrilishdan oʻtib, anhor boʻyiga chiqdigu qayoqqa yurarimizni bilmay qoldik. Hammayoq kavlab-surib tashlangan, na Tuvakkoʻchaning koʻchaligi, na paxsa devorli qoʻrg‘onlarning qoʻrg‘onligi qolgan edi. Anhor yoqasidagi oʻrikzor-ku, dovuchchasi qinidan chiqmayoq kundakovga tushibdi. Qanchasi simarqon bilan sug‘urib, yetimxona devori tagiga olib borib tashlangan edi. Esiz-esiz qantak oʻriklar, shu hollariga endi barg yozib kelar edilar! Sal beriroqda esa hali kuchalasini tashlab ulgurmagan azim yong‘oq ildiz-pildizi bilan sug‘urib olingan edi. Qanday kuch, qanday texnika topishibdi ekan?! Qarab turib, ichim sidirilib ketdi: qiron kelsa, shu ekan-da?!
— Qanday oʻtamiz? Anhor yoqalab boraveramizmi?— dedi Olim akam. Qarasam, yoʻlni yoʻqotib, garangsib turibdi.
— U kishiniki bu yoqda, tepadan oʻtgach edi, shekilli, — dedim oʻzim ham tusmollab.
— Qanday tepa?.. Tepaning oʻzi koʻrinmaydi-ku?!

Rostdan ham hozir na yoʻlni, na uning ikki betidagi tepani tanib boʻlardi. Hammasi surib tashlanib, yolg‘iz mezanagina (oʻsha oyoq qoʻyib chiqqan saring bir ajoyib jangillaydigan temir mezana!) hayhotdek tagi bilan soʻppayib turardi. Hov narida esa, tepadan chiqqan tuproqlar tog‘-tog‘ boʻlib yotipti. Oʻsha yerdan kirib borilardi, shekilli, sutchinikiga?..
— Yaxshiyam mashinani qoldirib kebmiz, — deya handaqdan hatlab yoʻl boshlayverdim.
— Bu ahvolda u kishi qanday tirikchilik qilyapti ekan? — dedi akam ortimdan ergashib.
— Qaysarlik qilmay, doʻm olib qoʻya qolmabdilar-da, qari odam, — dedim.
— Soʻz qilgan boʻlsa, olmaydi. Shunaqa toifa, — dedi akam.

Tushunmadim. Olim akam uni qayoqdan bila qopti? Osh-qatiq boʻlib yurgan odamdek gapiradi-ya!
— Aytdi-ku, amaki ham...

Oʻgirilib qarab, hayron qoldim.Oʻzi ohorli tuflisini ayab, loy-tuproqlardan bir-bir sakrab, oʻtib kelyapti-yu, xayoli menda: seziladi-ku, ba’zan... Tavba, kimni gel qilyapti?.. Rosti, g‘ashim keldi. Uni sutchining oldiga boshlab borayotganimdan, shu ishni boʻynimga olib qoʻyganimdan... oʻzim hafa boʻlib ketdim. Bir koʻnglim: «Hov, aka, nima niyatda kelyapsiz oʻzi?.. Yaxshisi, meni aralashtirmang, bu ishlarizga», degim bor-u, lekin andisha kuchlilik qilyapti!

Noiloj, yurib ketdim. Egalari tashlab ketgan hovliyu chorbog‘larda omon qolgan yakkam-dukkam daraxtlaru ishkomlar bir g‘arib koʻrinsa, anavi surilgan tuproq uyumi orqasidagi tizza boʻyi oʻt bosib, lolaqiz-g‘aldog‘u chuchmoʻmalar ochilib bergan yolg‘iz tomda kaptar qonidek qirmizi qizg‘aldoqlar shabadada bir chiroyli tebranib, chuchmoʻmalar salomga egilib-egilib kelar edi.
— Qarang, Mahmudjon akaning tashqisi shekilli? U kishi sutchiga rahm qilib berib qoʻygan joy, — dedim akamga koʻrsatib.
— Oʻsha ekanmi, hech kim teginolmayotgan joy? — dedi u hayratlanib. Qizg‘aldoqlargami, nimaga tikilib qolgan, xayolidan nimalar kechyapti, bilib boʻlmasa-da, hayajonlanayotgani, sutchini koʻrishga mushtoqligi yuz-koʻzidan shunday ayon edi. Xuddi dovrug‘ini eshitib yurib, ming yildan beri oʻzini koʻrmagan odamni istab kelayotgandek, bir intiqlik bor koʻzlarida. Rostdan bir koʻrishga orzimi? Niyati-chi, qanday?

Koʻnglimning bir chekkasida bir turli g‘ilu g‘ashliklar qaynab kelyaptiki, uning zoʻridanmi buning sidqidilligiga hech ishonolmasdim. Tavba, shunaqa shubha-chi, koʻngli bir sovusa, qaytib ilimaydigan odam ekanmanmi? Bu yaxshi fazilat emas-ku. Axir, oʻshandan beri qancha suvlar oqib ketdi-ku. Nazarimda, men uni bekor boshlab kelayotgandek edim.

Tuproq uyumidan oʻtishimiz-la haligi ustini tizza boʻyi oʻt bosib, boʻg‘otlarida lolaqizg‘aldoqlar ochilib bergan tom yonidan chiqib qolibmiz! Darvozasi qayoqda ekan bu antiqa qoʻrg‘onning, deb alanglab tursam, quruvchi-buzuvchi tushmagurlar tepani shu yergacha surib kelib, xayhotdek darvozani azza-bazza toʻsib qoʻygan ekanlar. Kiradigan odam devorga qisilib, zoʻrg‘a oʻta olardi.
— E, barakalla, koʻmib yubora qollaring birovning uyini!

Izimdan kelayotgan akam ham ajablandi.
— Shungacha ham miq etmabdimi? Balli! Tog‘a chindan qaribdi.

Nega shunday dedi — tushuna olmadim.

Darvoza qoʻsh tavaqali, bir vaqtlargi darvozamisan — darvoza edi. Faqat oftobda oʻngib, devor rangiga kirib ketibdi. Devor esa, tagidan uqalanaverib, allaqancha joyi yemirilib tushgan edi. Lekin tom esa suvalaverib, loy chiqaverib, tirsak boʻyi koʻtarilib ketgan, shuncha tuproqni bu uy, bu devorlar qanday koʻtarib turibdi, aql bovar qilmasdi.
— Shumikan, oʻzi? — dedi akam alanglab.
— Chaqirib boqaylik.

Men darvozaning pastki xalqasini tutib, hayron qoldim. Shunday ulkan darvoza shunchalik yengil ochiladi, deb oʻylamagan edim. U qoʻlim tekkandayoq oʻz-oʻzidan ochila boshlagan edi. Ochilganda ham bir qismi ochilib kelar edi. Qarasam, bolachasi ekan.

Ol-a, darveshlar, biz qanday kirarimizni bilmay turibmiz, ochiq ekan-ku!

«Bolacha» shu yarim ochiq holiga hovlining talay qismi — oʻrtadagi pastak devorgacha koʻrinib turar, u tamomi nokzor boʻlib, baland-baland qari noklar — shuncha qariligiga qaramay, qiyg‘os gullab yotar edilar. Qolaversa, qachon toʻkib ulgurgan — tagi ham oppoq, usti ham oppoq. Tagidagi koʻpmi, ustidagisimi — ajratib koʻr-chi! Lekin ustida asalarilar shunday g‘ujg‘on oʻynayaptilarki, vizillagan ovozlaridan ular toʻpi-toʻdasiyu poshshosi bilan shu hovliga tushib, qoʻr toʻkkanga oʻxshardi.

Ichkariga bir qadam bosib, chiqirmoqqa hozirlangan joyimda darvozaxonaning xoyhotdek shiftiyu yon ustunlariga koʻzim tushib, angrayib qopman.

Darvozaxona bir baland, uning yonidan chiqib borgan yog‘och zina undan uzun, tepada esa oldi ochiq boloxonaning eshigi koʻrinar edi. Bir vaqtlar oʻsha yerda ham oʻtirilgan ekanmi, tavba. Aqlim bovar qilmasdi. Pastdagi jilovxona esa undan ajoyib. Ustunlaru tirgaklar vaqt kechishi, zamon oʻtishi bilan oʻngib-oqarib ketgan boʻlsa-da, oʻsha-oʻsha baquvvat, oʻsha-oʻsha mahobatli edi. Ustunlarning qoʻl yetar joylarida yassi qalpog‘iga qadar zanglab ketgan ulkan mixlar koʻrinadi. Bir vaqtlar bu xonadonga uzoq-yaqindan aytuvli-aytuvli mehmonlar kelib turgan, ot-ulovlari oʻsha mixlarga bog‘lanib, oʻzlari ichkariga olingan shekilli. Hozir oʻsha ichkaridan asar ham qolmagan, faqat shu jilovxonaga yondoshib tushgan yolg‘iz uygina omon edi. Boyagi tomini tizza boʻyi oʻt bosgan shu uy boʻlsa, ehtimol.
— Chaqirmaysanmi? — dedi akam moʻralab. Uning ortimdan kirib kelavermay allaqanday tortinib turishi... g‘alati edi. Tavba, unga nima boʻlgan — hech tushunolmasdim.
— Hov, kim bar? — deb ichkariga kirib bora boshlagan joyimda ovozim jilovxonada jangillab ketib, qisinib toʻxtadim. Chindan asalarilaring kimsasiz nokzor hovliga ega chiqib, bir maromda vizillab yotuvi, buning ustiga manavi jilovxonaning jangillab aks-sado berishi g‘alati edi. Bular hammasi qoʻshilib, odamni tushunuksiz sir bosib kelar edi.

Shu mahal darvozaxonaga tutash uyning hovliga qaragan eshigimi, derazasimi (harqalay bizga koʻrinmasdi) ochilib, birov tomoq qirdi:
— Hozir...

Muloyim ovozidan sutchining oʻzi edi.
— Oʻsha, — dedim ostona tomon chekilaverib.
— Rostdan-a? — dedi akam javdirab — Shunaqa qarib qolganmilar?
— Haliyam qarimasinlarmi, qachongi sutchi? — dedim.
— Vaqtning oʻtishini qara-ya.

Hayron qoldim: akam uni kim deb fahmlayapti? Qolaversa, uni oxirgi marta qachon koʻrgan ekan?

Bu orada qariyaning oʻzi koʻrindi. Ha, oʻsha, birov bilan ishi yoʻq, daroz odam chiqib kelar edi. Faqat hozir yengil uy kiyimida, Nusrat pochchaga oʻxshab, uzun oq ishtonu oq koʻylakda, ustidan yengil nimcha kiyvolgan edi. Boshida esa uchli taqya. Joynamoz ustidan turib chiqyaptimi yo kitob koʻrib oʻtirgan joyidan — bilib boʻlmasdi.

U muloyim jilmayib (qarangki, muloyimlik unga yarashib turar edi!) oʻsha hovlidanoq mulozimat qilib kela boshladi:
— E, sizlarmi, kelinglar-kelinglar! Men tag‘in anavilarmi, deb toʻnimni teskari kiyib chiqayotgan edim. Allohga shukr, sizlar ekansiz.
— Kim? — dedim fahmlab turgan boʻlsam-da.
— «Buz-buz»chilarning elchilari-da, kim boʻlardi,— deb boyagidek halim tortib, jilmayaverdi qariya. — Bilmaydilarki, men anavi mezanadan ham og‘irroq toshman. Qani, jildirib boʻlsa.

Akam ostona hatlab oldinga oʻtdi:
— Assalomu alaykum. Soʻrab-soʻrab Makkani topganlaridek, oʻzlarini topib kelyapmiz. Bardam-baquvvatginamisiz, tog‘a? — dedi u borib qoʻshqoʻllab koʻrisharkan.
— Ie, ie, yoʻqlab-a, atay-a? — Qariya hali tanib ulgurmagan boʻlsa-da, mutaassirlanib qolgan edi. — Kelingiz, kelingiz. Qadamlaringizga xasanot.

Akam qaytarib soʻradi:
— Kim ekan oʻsha bilib turib, qistalang qilayotganlar?

Sutchi yumshoq kulib, yengil qoʻl silkidi:
— E’tibor qilmang, olsa shu kulbani oladimi? Men uni talashayotganim yoʻq. Uning orqasida qancha bog‘lar, bolalar dam oladigan joylar bor. Oʻshalar ketmasin, deyman-da.

Endi esladim. Anhorning yoqasi keta-ketguncha, guzardan Kattabog‘ga qadar oʻrikzoru yong‘oqzor bog‘lar edi, shu soya-salqinda yoz boʻyi bolalar dam olishar, Boʻzsuv boʻylariga sayohatga chiqishar, bunaqa bahavo joyni hech yerdan topib boʻlmasdi.
— Bormisiz! Yaxshiyam oʻrtaga tushibsiz! — dedim men ich-ichimdan quvonib: bor ekan-ku, «hey» deydiganlar ham!
— Atay oʻtiribman, atay, — dedi qariya bizni ichkari boshlayverib. — Nima yoʻqotardik biz — safar kishilari — Olloh chaqirgan kuni huzuriga qaytadiganlar? Nimamizni oladi! Quraman, desa boshqa joy qurib qoptimi? Qani, kela qolinglar, kiraveringlar.

Yakka tavaqali koʻk eshikdan dahlizga kirib bordik. Uy nimqorong‘u, zax-mog‘or aralash koʻhna ki- toblar hidi anqib turar edi undan. Kaftdek derazani aytmaganda, yorug‘ tushadigan joyning oʻzi yoʻq, ikki tomon tokchalaru taxmondan iborat edi.

Eski namat tanchagacha boʻlgan joyni zoʻrg‘a toʻldirgan, uning chetidan boʻyraning titilgan uchlari chiqib turibdi. Tancha kovshandozning shundoq yonginasida — derazaga yaqinroq joyda edi. Uning yonlarida yupqa — yalangqavat koʻrpachalaru kovshandoz tomonda qora poʻstak koʻrinardi. Sandal ustidan yakandoz yopilib, girdob toʻnkarib qoʻyilganu ustida odmi koʻzoynak bilan muqovasiga qizil jild sirilgan qalin kitob koʻzga tashlanadi, xolos.

Sutchi kirishi bilan ularni tokchaga olib qoʻyib, gardin patnisni oʻngardi-da, qoziqdan yoʻl-yoʻl dasturxon olib yozdi. u g‘aribgina yashashi shulardan ham ma’lum, oʻzi bundan boshqalardek qisinib-qimtinmas, balki allaqanday emin-erkin edi.
— Qani, azizlarim, yuqoriroq oʻtavering. Hamonki, mehmon boʻlib kepsiz, joy-joyingizni bilib-bilib oʻtiring. Mana, men choʻkdim, — deb deraza roʻbaroʻsiga oʻtira boshladi.

Noiloj, oʻtdik, akam — toʻrga, men deraza tagiga — amakining roʻbaroʻsiga. U qoʻlini duoga ochdi:
— Qani, omin, qadam yetdi, balo yetmasin. Olloh barchamizga toʻzimu qushoyishlar bersin. Nima niyatda qadam ranjida qilgan boʻlsangiz, niyatingizga oʻzi yetkazsin. Ollohu akbar. Xush kelibsizlar.
— Xushvaqt boʻling, — dedi akam, men unga qoʻshildim.

Sutchi qoʻlini koʻksiga qoʻydi:
— Tilagingizni Olloh bersin.— Keyin ikkimizning yuzimizga qarab qoʻyib, mulozamatomuz dedi: — Soʻraganning aybi yoʻq, jindak choy qoʻyay, qumg‘onim salda qaynab chiqadi. Soʻng bafurja...
— Siz nimani lozim koʻrsangiz, shu. Biz soʻrab-soʻrab topib kelmoqdamiz. Qolaversa, men uzoq bir yurt — muxojirotdan omonat salom keltirganman. Oʻzingiz yaxshi bilgan kishining... qiyomat qarz salomlari.

Sutchi har narsani kutsa ham buni kutmagan ekan, xushyor tortib, akamning yuziga qaradi. Qariyalarnikidek qisiq-muloyim va sal xomush koʻzlarida hayrat uyg‘ondi:
— Muxojirotdan?!
— Ha, oʻsha oʻziz bilgan Tangritog‘ tomonlardan, — dedi akam.
— Valloh-valloh!.. Muxojirlarga ansorlardek quchoq ochgan yurtdan-a? Munavarrai soniydan-a? — Qariya azza-bazza qayta choʻkkalab, akamga oʻgirilib ol-di. — Ochiq-yoriq aytavering, men qariyani qiynamay! Nahot — ul zotning huzurlaridan?..
— Ha-ha, oʻshal zotdan. Sizdan bu dunyoyu u dunyoda qaytaribu uzub boʻlmas yaxshiliklar koʻrgan bir kishining qarz salomlarini ola kelganman. Omonat vasiyatlarini yetkazishga buyurilganman.
— Subhonalloh!.. Siz... Siz ul zotga kim boʻlgaysiz? Eshon pochchamni qaerdan bilgaysiz?

Sutchi ilon avragan odamdek akamning og‘ziga tikilib qolgan, shundan boʻlak narsani soʻrash-istash xayoligayam kelmay, javob kutar edi.

Akam xijolat aralash jilmaydi:
— Men u kishining kenjalari... xizmat yuzasi- dan oʻshoqlarda yurgan oʻg‘illariman. Endi tanidin- gizmi?

Sutchi bu xabardan hayratlanib, azza-bazza oʻrnidan tura boshladi:
— Alloh, Alloh! Uni qarang-a, shunday deng-a?! Ikkita zuryodlari bor, deb eshitar edim. Sizmi biri?— deya akamni quchog‘iga olib, tavof etarkan, uni koʻrganidan bir yerga yetgan edi. — Urinmay-la keldizmi? Sizni yetkazgan Xudoimga hamdu sanolar boʻlsin. Kutmagandim, kutmagandim. U tomondan, eshon pochcham tomonlaridan, deb oʻylamagandim, — deb yelkalariga qoqib, kuraklarini siladi. Soʻng oʻtirib duo qildi, biz qoʻshildik. Soʻradilar:
— Kenjalari, deysizmi?

Akam tizzalarini yig‘ib oʻtirib, xijolatli boqdi:
— Padaribuzurkvorimizni olib ketishganda... biz yosh bola ekanmiz.
— Tushunarli, tushunarli.
— U kishi hayot ekanliklarini ham bilmasdik. Ollohga ming shukrlarki, daraklari oʻsha yoqdan chiqib, oʻsha yurtda koʻrish nasib etdi.
— Uni qarang-a, duolarini olib qolish... sizga nasib etibdi, — dedi sutchi behad mutaassirlanib.
— Ha, rozi ketdilar bizdan, — dedi akam allaqanday ta’sirlanib ham ovozi oʻzgarib kelib, — shu jumladan, Sizdan ham...

Bu tarixlarni eshitish, ayniqsa, kelib-kelib, oʻsha Tangritog‘ tomonlarda yurgan Sultonmurod akamga emas, ayni Olim akamga u kishining duolarini olib qolish nasib etgani g‘alati ham hayratlanarli edi. Buning hikmati nima ekan, hech aqlim yetmasdi.

Akam yonidan roʻmolchasini chiqarib, namlangan koʻzlarini artishga tutinarkan, men uning kipriklarida nogoh bir tomchi yosh koʻrib, oʻzimdan shunday jirkaniblar ketdimki... qochishga qani joy topilsa! Ammo boshga qilich kelsa-da, chinini aytmoq kerak: koʻnglimning tub-tubida, kallamning allaqaysi bir puchmoqlarida tiyolg‘lamalik qilmayaptimikan bu ustomon, degan ishtiboh charx urar edi, tavba.

Sutchi nogoh tin olib, toʻlg‘ondi. Va:
— Hay, darig‘! Bu foniy dunyo oʻshanday zotlarni ham sig‘dirmadimi-ya? — deya tebrandi. U tebranarmidi, toʻlg‘onarmidi, ajratib boʻlmasdi. Uning taqvodor chollardek shu tebranib oʻtirishini suyib qolmaslik, yaxshi koʻrib ketmaslik mumkin emasdi. Keyin koʻzlarini yumib, oʻsha choʻk tushgancha miq etmay qoldi.

Akamning koʻzlariga qalqqan namdan ham koʻra, uning shu oʻtirishi ta’sirliroq edi. Ularning oʻrtasida qanday kechmishlar, qanday bog‘liqliklar borki, unuta olmayapti — bilib bilolmasdim, soʻrab soʻrolmasdim. Ammo nimadir borligi aniq. Shuni sezib turgandayman-u, nimaligini ajrata olmayapman. Qolaversa, akam ham soʻramayapti, oʻzi ham aytmayapti.

Nihoyat, u oʻsiq-baroq qoshlarini koʻtarib bizga qaradi-da:
— Unday boʻlsa, bir kalima Qur’on bag‘ishlab, duoi xayr lozim ekan, — dediyu choʻkkalab olib, tilovatga berildi. Nazarimda tangri taolo bizni koʻrishtirib, yodlashtirib qoʻyganida ham bir sir, bir hikmat borday tuyular-u, uni toʻla anglab yetolmasdim. Nihoyat, qariya yuziga fotiha tortdi-da:
— Alloh rahmat qilsin u zotlarni. Baloning qattig‘iyu zoʻrini bekorga ularga yubormagan. Hikmatini hamma ham bilaversin-chi, bilmaydi. U balolarini agar toqqa tashlasa, tog‘ koʻtara olmasdi, ular koʻtarib ketishdi — deb, og‘ir soʻlish olib, tura boshladi. — Men jilla qursa choy qoʻyib yuboray. Shundoq tabarruk joylardan mozor bosib kelibsiz. Qoʻshimiz qolayotgani yoʻq, qolaversa, dam g‘animat, diydor g‘animat.
— Siz urinmang, faqat koʻrsatvorsangiz boʻldi. Mana, Maqsud qaynatib kela qoladi, — dedi akam meni turishga undab.

Men sakrab turdim, ammo qariya unamadi. U eshon pochcha nomini eshitiboq oʻtirolmay qolgan, u zotning hurmati uchun ham bizni siylashga tushib ketgan edi. Ozgina kallakqand, jindek mayiz ham yong‘oq degandek, piyolaning tagida durda olib kelib qoʻydi. Tokchadagi non qutidan yarimta gijda bilan ushatig‘lik churrak non olib qoʻyarkan:
— Aybga buyurmaysiz, eshon bola, sal suvi qochibdi nonimizni. Bugun doʻkonga kirolmab edim. Oʻzi shunaqa paytda mehmon keladi, — deya xijolat tortgan boʻldi.

Soʻng tashqaridagi g‘isht oʻchoqqa olov qalab, oʻtni joʻnashtirib yubordik. Salda qumg‘on jig‘illay boshladi. U kishi meni urintirmay mushtdek choynaklariga choy damlab kelib, yana sandal atrofiga — hammamiz oʻz joyimizga choʻkdik. Choy quyilib, yana suhbat oʻz maromiga tushdi. Akam boyagi gapni ulagan boʻldi:
— Men, rosti, hali-hali aqlim bovar qilmaydi, oʻsha ishga qanday jur’at etganingizga. Axir, hazilmi, bir odamni Sibirday joydan — shundan shu yoqqa oʻtkazib yuborish?! Yana qamoqdan opchiqib!.. — dedi hayratini yashirolmay. — Otam rahmatli oʻla-oʻlguncha ham duo qilib oʻtdilar. Oʻsha yaxshiligingizni unutmay.

Men ham hayratdaman-u, oʻz og‘zidan eshitmagunimcha ishonolmay turibman: Chindanam qaysi yurak, qaysi jur’at bilan qildi ekan bu ishni? Chegaradan olib oʻtdi ekan?

Lekin sutchi allaqanday xijolatga tushib, qisinib-qimtinardi:
— Alloh rozi boʻlsin. Biz nima, Parvardigor iroda qilmasa, agar.
— Harqalay-da, — dedi akam, — qancha suvlar oqib oʻtib ketdi, endi aytsa boʻlar?
— Eshon pochcham... aytmaganmilar? — dedi qariya oʻsha voqeaning sirligicha qolishini istaganday.

Akam qoʻlidagi choyni qoʻyib, bosh toʻlg‘adi:
— Yoʻq, bu yog‘iga oʻtmasdilar. Alqardilar, duo qilardilar-u, tafsilotiga koʻchmasdilar.

Sutchining yuziga mamnunlik balqdi:
— Qari bilganini pari bilmas, deb... shuni aytadilar, — dedi shirin kulimsirab.

Demak, bu ham aytmaydi. Bu shunday sirki, uni inson zoti tagiga yetolmasligi kerak. Aks holda hali ham gap tegib qoluvi, kimdir jabr koʻruvi mumkin... shekilli. Balki shu tufaylidan uni muddatidan ilgariyoq jildirib yuborib, kishi koʻziga shunday bir ovloq goʻshada oshini oshab, yoshini yashashga mahkum etib qoʻygandirlar-u, bu sutchilik qilib yurganmikan? Men shunday taxminlarga borib oʻtirarkanman, akam uni tushuna qolmasdi. Balki atay ijikilayotgandir, oʻz og‘zidan ilintirmoqchidir? Men oʻz xayollarimdan oʻzim choʻchib, uning yuziga qarab-qarab qoʻyardim. Akam xijolatlarga tushib boʻlsa-da, elanishini qoʻymas edi:
— Bir uchi, bir chekkasinigina ayta qoling. Faqat oʻzimiz uchun.

Sutchi oʻsha-oʻsha shirin kulimsirab, choyga alahsidi. Ammo ilojini topsa, gap oʻzanini boshqa yoqqa burib yuboradigandek koʻrinar edi. Shu boisdanmi, akam unga qayta yuzlanib iltijolandi:
— Ishoning, shu gap shoʻtta qoladi! Oʻttiz ikki qoʻriqchisi bor bir qoʻrg‘onda muqim qoladi. Eshon otamizning xotiralari haqqi-hurmati. Shoʻroning oʻsha chohlarida qolib ketganlar haqqi-hurmati...
— Hov, akam juda usta ekan! Bir shirin soʻzlar, takallumlar bilan uni avrar, ikki oʻrtada bir emin-erkinlik paydo qilar ediki, qariya uning samimiyligidan mutaassirlana boshlagan va bu ketishda uning iltimosini rad qilolmaydigan bir holga tushib borar edi.

Qolaversa, oʻzim ham uning og‘zidan chiqadigan soʻzga intiqib oʻtiribman. Tavba, birov nazarga ilib-ilmaydigan, nihoyati bonka koʻtarib, sutchilik qilib yurgan bir kishi shunday ishlarga qodir boʻlsa! Ota diyoridan quvilib, bir umrga sovuq-tumanli oʻlkalarga badarg‘a etilgan, quyosh yuzini koʻrmay, qor kechib, muz teshib yashashga mahkum bir mahbusni bu dunyoning azobu jahiymidan qanday opchiqib kelibdi ekan? Qamoqxona qoʻriqchilariyu iskovuchlari koʻzini qanday shamg‘alat etibdi ekan? Mulla odam jilla qursa, umrining oxirida emin-erkin yashasin, xotirjam ibodatini qilsin, deb oʻsha tog‘li diyorga opchiqib qoʻyibdimi? Toʻg‘ri, Ollohning iznisiz birovning biron soch tolasi, tuki ham toʻkilmas, hech kimga roʻshnolik eshigi ham ochila qolmas. Lekin bu odam nima umidda bu ishga qoʻl urdi? Niyati nima edi-yu, nimaga erishdi?

Sutchi choynak ustiga sochiq tashlab, chetroq surdi va tomoq qirdi:
— Bu tarixni hammadan yashirsak ham sizlardan yashirib boʻlmas. Negaki, Eshon pochcham boshlariga tushgan musibat — unaqa-bunaqa musibat emas. U balo Sizlarni yetim qilib, kindik qoningiz toʻkilgan joylarda oʻynab-kulishdan, emin-erkin oʻsishdan ham mosuvo etdi. Yetimlik koʻchalarida tentirab, alamzadalik zardoblari ila sug‘ordi. Hali-hanuz toʻzib yuribsiz, diyoridan adashgan turnalardek. Sizga aytmay kimga aytaman, yuragingiz hovrini sal-da oladigan bu tarixni.

Voh, sutchiga qilt etmay tikilib qolgan Olim akamning koʻzlarida (nimani deng?) g‘iltillab aylangan, kiprik qoqsayoq duv toʻkilishga tayyor yoshni koʻrib, koʻnglim buziliblar ketdi. Hiqillab qolmaslik uchun koʻzlarimni olib qochdim. Oʻzimni bir nimalarga chalg‘itishga urinar edim.
— Ayting, aytavering, — dedi akam toʻliqib, — kuygan yuragimizga zora malham boʻlsa soʻzlariz. Umrbod qarzdormiz biz Sizdan. Siz hech kim qilmagan, qilolmaydigan yaxshilikni bizning otamizga — padaribuzrukvorimizga qilasiz-u, biz topib kelmaylukmi, tavof qilmaylukmi! Ayting, jon quloqlarimiz-la tinglaymiz gavhar soʻzlaringizni.

Qariya iymanibgina tizzasiga toʻkilgan non ushoqlarini terarkan, akamga qarab qoʻydi.
— Hamdu sanoni Allohga aytmoq kerak. U yolg‘iz Tangrimga yarashadi. Biz nihoyati Alloh roziligini qidirib yurgan bandalarmiz, — deb jim qoldi.
— Harqalay, Sizdan boshqasi. jur’at etarmidi, yoʻqmi, — dedi akam.
— Unday emas, eshon bola. Men boʻlmasam, boshqasi qilardi, boshqani sababchi etardi Alloh. Muhimi, otangizning musibatlari arib turgan. Biz sababchi, xolos.

Biz miq etmay, hatto nafas yutmay oʻtirardik. Yutsak, chalg‘ib, uni tinglolmay qoladigandekmiz. U esa bir maromda, qariyalardek salmoqlanib davom etyapti, goh-goh ushoqlarni kaftiga terib jamlab, og‘ziga solib qoʻyadi.
— Xullas, deng, shunday topshirig‘u vazifa boʻlib qoldi: bir odamni oʻshoqdan olib, boshqa yurtga tashlash lozim ekan, — deb qariya akamga ma’noli qarab qoʻydi. — Boʻladi-ku, shunaqalar: xizmati tugaguncha mahbuslar ichida qoladiganlar...

Men sotqinlar ekanmi, deb tushunib, tepa sochim tikka boʻlayozdi. Lekin akam xotirjam bosh silkidi:
— Xoʻsh-xoʻsh?
— Shunaqalardan bittasi topshiriq bilan yangi joyga oʻtkazilishi kerak ekan.
— Tushunarli, — dedi akam.

Bunga sari meni ijirg‘anishmi, nima qamrab bor-yapti. Yodimga Olim akamning oʻtmishiyu anuv yoʻq boʻlib, badar ketganlari tushib ketyapti. Oʻzi esa, parvosiga keltirsa, oʻlsin agar. «Xoʻsh-xoʻsh, keyin-chi»lab qariya-ni qistash, og‘zidan u tarixni «sug‘urib olish» bilan ovora.
— Hamma hujjatlarini toʻg‘rilab, har ehtimolga qarshi bitta toza muhrlangan qog‘oz ham qoʻshib berishdi.
— Tushunarli, tushunarli, qayta toʻlatish kerak boʻlib qolsa-da, — deb qoʻydi akam.
— Poezddan poezdga oʻtib, taqira-tuqur bilan toʻqqiz kun deganda yetib bordimmikan, vallohi a’lam. Qamoqxonasiyam shahardan naq bir kunlik yoʻlda, oʻrmonning ichida ekan. It azobida topib borsam, (Xudo ol qulim, desa shu-da) mahbuslarni yog‘och qirqishdan olib kelishayotgan ekan. Darvozadan kirib ketishguncha ichim achi-ib qarab turibman. (Harqalay, mahbuslar, buning ustiga, oʻzimiznikilar, qirov bosgan oppoq soqollilarini demasa, paxtalik shim-kamzullaru bir xil quloqchinda, millatiniyam ajratish qiyin.) Shunda yonimdan oʻtayotganlardan birov otimni atab, tashlanib qolsa boʻladimi: «Ilhom, azizim, oshna!» deb. Chop-chop, hay-hay boʻlib ketdi. Soqchilar yugurib kelib, tortib olishdiyu sudrab ketishdi. Haligi mahbus oyog‘i yerga tegmay boryapti-yu:
— Ilhom, azizim, oshna, tanimadingmi, menman! — deb baqiradi.

Birpasda soqchilar meni ham oʻrab olishdi. «Kimsan, bu yerda nima qilib turibsan», deb tergash, turtkilash boshlanib ketdi-ku. Boʻsh kelsam, mahbusday tiqib qoʻyishlari ham mumkin. Hujjatimni koʻrsatib, turma idorasini soʻray qoldim. «Ha, shundoq demaysanmi, oʻrtoq», deb koʻrsatib qoʻyishdi. Men qidirib borgan odamim hamon mahbuslar orasida ekanidan, unga ham boshqalardek muomala qilishayotganidan hayron edim. Nima gunoh qila qolibdi — hech tushunolmasdim. Hali javob bermay qoʻyishlari ham mumkinligini oʻylab, hushyor tortgan edim.

Boshliqqa ham elburutdan uning qog‘ozini koʻrsatib oʻtirmay:
— Bir-ikkkita «zek»lar bilan koʻrishishim kerak, sharoit yaratib bersangiz, — dedim.
— Marhamat, ana, boʻsh xona, ayting, chaqirib berishadi, — dedi u. Ishim xamirdan qil sug‘irgandek oson koʻchayotganiga hayron edim men. Lekin sir boy berib boʻladimi! Aytdim. Shunaqqib, haligi odamni chaqirib berishdi.
— Kim ekan, tanidingizmi? — dedi akam.
— Qayoqda! — dedi qariya. — Hech eslay olmasdim, u boʻlsa, tanib, yalab-yulqab yotipti. Nuqul yig‘laydi, koʻzyoshlarini shashqator oqizib, shu tavallolar qiladi, siqtaydiki, qani ovutib boʻlsa, tinchitib boʻlsa... Men bu eshonlarning qarg‘ishiga qoldim, namozxonlarning duoibadiga uchradim, deydimi-ey, qaerdanam shularning ichiga tashlashdi, ularni sotib, tutib berdim, deydi. Yig‘lab-siqtab, bir yerga yetayapti. Bu koʻrgiligu qiynoqlar holva, deydi, hali oxiratdagisi, Mahshargohdagisi bor. Ana oʻshanda Ollohga qay til bilan javob qilaman? Mana bu til, mana bu koʻzlarim guvohlik bersalar, oʻzimga qarshi guvoh boʻlib tursalar, deydi. Ollohning doʻzaxiga surgab ketishayotganda kim, qaysi idora qutqarib qola oladi meni, Ilhom, deydi. Sizlar oʻz holingizdan ortarmikansiz? Holingiz menikidan yaxshiroq boʻlarmikan, deydi.

Nogoh titrab ketdim. U toʻg‘ri aytyapti-ku, degan oʻy ichimni oʻrtab, achitmoqqa boshlarkan, oʻzimni ham, uni ham bu holdan qutqarib, chalg‘itish uchun, qoʻynimdagi qog‘ozni olib, stol ustiga tashladim.
— Bu nima? — dedi u koʻzyoshlarini yengiga artib.

Oʻzingga shukr, tinchidi-ku, deb oʻylab, buyruqni aytdim.
— Oʻzga yurtgami endi? — dedi u kutilmaganda.
— Alam-achchiqning oʻrnimas. Xudoga shukr qil. Eslariga tushib qolganingga. Boshqa vazifa chiqib qolganiga, — dedim men.
— Bu gunohlarim kam boʻlsa, u yoqda, u yurtda toʻldirar ekanmanmi? Shundaymi? — dedi u «toʻnini hamon teskari kiya boshlab».
— Esingni yig‘, bundan ortiq yaxshilik boʻlmaydi. Qolaversa, sen bilan men qaerda, qaysi yurtda oʻtirganimizni unutma. Ular chaqirib qolmaslaridan hal qil. Hali bu qog‘ozlarni koʻrsatganim yoʻq, — dedim.

U qog‘ozlarni qoʻliga olib, xoʻmraygancha koʻz yugurtirarkan, kutilmaganda muhrlangan, oq-oppoq qog‘ozni koʻrib:
— Bunisi nima? — dedi koʻzlari chaqnab.

Men tushuntirdim:
— Har ehtimolga qarshi: qayta toʻlg‘azish kerak boʻlib qolsa...

U sovuqdan moʻmataloq boʻlib, shishib ketgan kattakon kaftini haligi qog‘oz ustiga tashladi. Uning vajohatidan qoʻrqqulik edi, shunaqa oʻzgarib ketgan edi u.
— Gap bunday, — dedi u eshikka alanglab, allaqanday past tovushda, — bir ish qilamiz. Faqat mening aytganimga kirasan.

Oʻlay agar, biron narsa tushungan boʻlsam.
— Bu nima deganing? — dedim oriyatim qoʻzib. — Men seni olib ketgani kelganmanmi yo sen menimi?— dedim turib.
— Shoshma, oʻpkangni bos, — dedi oʻtirishga undab, oʻzi stolga koʻkragini berib, yopishib opti. Koʻzimdan koʻzini uzmaydi. — Musulmonmisan? — deydi.
— Alhamdulilloh... — dedim.
— Xudo bittami?— dedi u oʻsha-oʻsha, tusi oʻzgarmay.
— Bitta, — dedim gapni qayoqqa burayotganini anglab-anglamay.

U kutilmaganda oʻtirgan yerida choʻzilib, ikkala qoʻlini yelkamga chovutday tashladiyu silkib qoʻydi:
— Hozir ham yolg‘iz emasmiz bu xonada. Xudo shohid, u koʻrib turibdi barcha-barchasini... Shundaymi?..— dedi niyatini ocha qolmay.
— Shunday, — dedim.

U yelkamni qoʻyib yuborib, boyagi-boyagidek stolga koʻkragini berib tikildi.
— Shunday ekan, bir ish qilamiz. Manavi boʻsh qog‘ozlarni men aytgan odamning nomiga toʻldirasan.— Soʻng chaqnagan koʻzlarini koʻzimdan uzmay qaddini sal koʻtardi, — ikki burdek odam, Xudoni tanigan ikki oʻzbek til topisha olarmiz?!
— Nima demoqchisan? — dedim yuragim gurs-gurs ura ketib.
— Qoʻrqma, pand bermayman. Qolaversa, seni hamisha mard, deb eshitganman. Mardni esa Olloh ham qoʻllaydi, — dedi u. — Shuncha gunohlarimiz evaziga bir ish qilib ketamiz. Og‘ir kunda meni suyagan, mendan irganmagan, betimga tupurmagan bir odam bor: oʻshani ola ketamiz! Faqat yoʻq demaysan, deya koʻrmaysan. U kishisiz ketsam, Xudoning oldiga nima bilan boraman?! Tushun.
— Kim? — dedim.

Shunda u eshon pochchaning nomlarini aytdi meni hayronu lol qoldirib. Koʻz oldimdan esa halimdek yumshoq cholning nurli yuzi oʻtib, ichimdan xoʻrlikmi, yig‘imi bir narsa toshib kelardi.
— U kishi ham shu yerdamilar? — deya olibman.
— Ha, men tufayli, mendek nobakorlar tufayli,— dedi u...
— Eshon pochchani oʻsha odam tufayli qutqarib kelganmiz va chegaradan oʻtkazib qoʻyganmiz, qolaversa,— dedi u bir yengillik tuyib.— Tushuninglar, men hech kim emasman u kishining oldida. Agar shu ishimizga savob yoziladigan boʻlsa, allaqanchasi uning chekiga tushgay.

Oʻrtaga allaqanday bir xushhollik inib, hammamiz jim qolgan edik.
— Axir yoʻq demabsiz-ku. Shunga-da, mingdan-ming tashakkur, — dedi akam.
— Sizning oʻrningizda boshqasi unarmidi, yoʻqmi,— deb yubordim men.

Sutchi halim qariyalar singari shirin kulimsiradi va shu barobar yuzlaridan nur yog‘ilib:
— Deyolmasdi, — dedi ishonch ila. — Alloh xohlab tursa, qay banda yoʻq deya oladi?! — deb betimga qaradi. — Alloh «kun» desa, bas, oʻsha narsa boʻlgay. Eshon pochchamning musibatlari arib turganki, biz yetib borganmiz, oʻsha qog‘ozlar ila...

Tashqarida maynami — bir nima sayradi. Oʻgirilib qarasam, ikkita qorashaqshaq yaltiragan qora qanotlarini yozib, oq-oppoq gullagan noklar tagida quvalashib uchib yuribdi. Bu nimaning alomati edi, tushuna olmasdim.

III

Shu mahal darvoza bolachasi ochilganday boʻlib, oʻsha yoqdan qiz bolaning ovozi keldi:
— Amakijon?..

Sutchi oʻrnidan og‘ir qoʻzg‘aldi:
— Men qaray-chi.

Oʻsha choʻkkalab oʻtirishida oyog‘i uvishib qolgan ekan, uni silab-siypashga tutindi va shu yerdanoq ovoz berdi:
— Hozir, puchuq qizim, hozir...
— Men qaray qolay, — deb oʻrnimdan turayotib edim, u kishi unamay, kovshandozga tushdilar.
— Qimirlamang, oʻzim chiqmasam, kasal boʻp qolibdilar ekan, deb vahma qilib yurmasin, tag‘in.

Bu orada puchuqning oʻzi hovlida koʻrindi va derazadan koʻzi bizga tushiboq orqasiga pusindi. U ajina gulli koʻylak ustidan bir chiroyli jajji nimchani sirib, sochini mayda oʻrgan, kamiga pistonli iroqi doʻppi kiyib olgan edi, qoʻlida tugunmi, bir nima bor.

Sutchi chiqib, akamga savolchan qaradim:
— Shundoq odam... shunday yashasa-ya?

Akam barmog‘ini labiga bosdi:
— Jim, eshitsa og‘rinadi, — deb shivirladi, — oʻzi shuni istasa nima deysan. Boʻlmasa, har izzat-ikromlarga haqli.
— Yo haydalganmi, oʻsha ishi ochilib? — dedim.

Akam qat’iy bosh tebradi:
— Bilishmaydi hatto.

Ammo mening savol xaltam ochilib ketgan edi:
— Ochilib qolsa-chi, nima boʻladi?
— Qamashadi, albatta, — dedi akam boshqa gapga oʻrin qoldirmay.

Yuragim achishib kelib, gajirligim tutdi. Munofiq, devorgim keldi uni. Otasiga shuncha yaxshiliklar qilgan odamni nima deyapti?! Qamashadi emish! Olloh-chi, qarab turarkanmi!..

Toʻrsayib oldim. Buni koʻrib u yalpizlashga tushib edi, sutchi qayta boshlab, jonimga ora kirdi.

Uning qoʻlida ustiga bitta gijda yopib, bog‘langan tuguncha bor, tagidagi kosa ekani bilinib turar edi.

Sutchi kelib joyiga choʻkdi, soʻng tugunchani dasturxon oʻrtasiga qoʻyib, yecha boshladi. Uyni yengil non-qovurdoq hidi tutib borar edi.
— Nasiba-da, eshon bollar, puchuq qizim menga ilinib opchiqqan ekan, oʻrtada baham koʻradigan boʻldik. Qutlug‘ uydan quruq ketilmaydi, deb shuni aytiladi-da, — deb qizchaning qaerda turishini tushuntira boshladi. — Ular mijozim boʻlishadi, ilgari sutlarini olib turardim.

Kosadagi ovqat chindan non-qovurdoq edi. Sutchi siri koʻchgan, lekin toza bir lagan olib kelib ag‘darib edi, bir lagan chiqdi. Bug‘lanib, ajoyib bir hid taratib, nafsni qitiqlay ketdiki, beixtiyor og‘iz suv ochib borar edi. Uy egasi bitta yog‘och qoshqi keltirib akamga tutdi, biz qoʻlda oladigan boʻldik.
— Qani, yetkazganiga shukr, ne’matini mahtal qilmay olamiz, — deb oʻzi bismilloh-la boshlab berdi.

Men koʻpdan bunday totli taom yemagandim, nuqul bolaligimizda — Yakkabog‘da turganimizda oyimlar pishirib beradigan oʻzi jindek, lekin hech ta’mi og‘izdan ketmaydigan qoʻziqorinu non qovurdoqlar koʻz oldimdan ketmasdi. Boyagi gapim — shundoq odam, shunday g‘arib turadimi, deganlarim esimga tushib, ich-ichimdan uyalib oʻtirardim.

Ovqat yeyilib, bir piyoladan issiq choy ichib edik, uy nazarimda, shohona saroylardan a’lo tuyilib ketdi. Va sutchining qulfi-dili ochilib, hikoyatgami, rivoyatgami tushgan edi:
— Alloh suygan qullarini ora-chira bu dunyoning ne’matlari ila siylabam turadi. Lekin afzali Abu Dardoning tutgan yoʻli, — deb qoldi.
— Abu Dardo? — dedi akam nimanidir eslaganday, sutchining yuziga yalt etib qarab.
— Ha, payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasalamning shunday sahobalari oʻtgan. Qavmidan eng keyin iymonga kelgan odam. Lekin etidan tirnog‘igacha iymonga toʻlig‘ bu odam dunyo moliyu matohini qoʻshqoʻllab itqitgan ekan. Tijoratim meni Allohning zikridan qoldiryapti, oldi-berdilar ibodatdan chalg‘ityapti, deb hatto doʻkonidan voz kechgan ekan. Boshqa sahobalarga yetib olish uchun, dinga kech kelib, yoʻqotgan savoblari oʻrnini toʻldirish uchun ham shunday qilgan ekan. Sovuq va izg‘irinli tunlarning birida ana shu Abu Dardoning uyiga yoʻlovchilar tunashga izn soʻrab kiribdilar. Abu Dardo ularning oldiga issiq ovqat kiritibdi-yu, koʻrpa-toʻshak bermabdi. Yotar chog‘ qoʻnoqlar biron choyshabmi, nimadir soʻrab uning hujrasiga borishsa, Abu Dardoning oʻzi sovuqdan g‘ujanak boʻlib yotganmish. Kampiri esa bir chekkada bukchayib oʻtirganmish. Ustilariga yopadigan biron narsa koʻrinmasmish.

Qoʻnoqlar taajjubda Abu Dardodan soʻrashibdi:
— Yopishga koʻrpa-toʻshagingiz yoʻqmi? Ular qani?

Shunda Abu Dardo: «Bizning boshqa joyda hovlimiz bor. Topgan matolarimizni oʻsha yoqqa joʻnatganmiz. Bu uyda biron narsamiz boʻlganda sizdan ayamasdik. Qolaversa, narigi uyimizga eltadigan yoʻl ustida oʻtish og‘ir boʻlgan, mashaqqatli dovon bor. Undan oshish uchun yengillashib turgan chog‘imiz edi», degan ekan.

Hazrati Umar halifalik davrlarida oʻsha sahobani zoʻrlab Shomga voliy qilib tayinlashibdi. U yerda odamlarning rohat-farog‘at ketidan quvib, dunyo jamlashga berilib ketganlarini koʻrgan Abu Dardo xalqni masjidga chorlab, bunday xutba oʻqigan ekan: «Ey Damashq ahli, Sizga ne boʻldiki, olimlaringiz ketib bormoqda, johillaringiz ulardan hech narsa olib qolishga shoshilmayapti? Ey Damashq ahli, Sizga ne boʻldiki, Alloh taolo oʻz zimmasiga olgan narsaga iqbol qilib, oʻzingizning zimmangizga yuklangan narsani unutyapsiz, tark etyapsiz? Sizga ne boʻldiki, yeb bitirolmaydigan narsangizni jamlash bilan ovorasiz? Yashamaydigan binolaringizga bino qoʻygansiz? Yetisholmaydigan orzularingizga intilganingiz intilgan?..

Ey Damashq ahli, Od qavmining ahliyu mol-dunyosi yer yuziga sig‘mas edi, kim bugun mendan ulardan qolgan merosni ikki dirhamga sotib oladi», deganida butun masjid ahli, uni tinglayotganlar hiq-hiq yig‘lashgan ekan.

Oʻsha pokiza zotlar haqida yana bir rivoyat aytay. Hazrati Umar qoʻl ostidagi viloyatlarni tekshirishga chiqib, Shomga bemahal — tunda yetib kelibdilar-da, toʻg‘ri doʻstlarinikiga tushibdilar. Ochiq turgan eshikdan tortinmay kirib borgan mehmonni Abu Dardo turib kutib olibdi. Chiroqni ham yoqmay suhbatlashib oʻtirib qolishibdi. Bir mahal hazrati Umar Abu Dardoning yostig‘ini paypaslab koʻrib, doʻsti egarga bosh qoʻyib yotganini sezib qolibdilar. Shoshib toʻshakka qoʻl choʻzsalar, qoʻllari qup-quruq qum bilan mayda toshlarga tegibdi. Yana bir paypaslab, doʻstining egnidagi Damashq ayoziga dosh ham berolmaydigan yupun kiyimni payqab qolibdilar.
— Hoy, Allohning rahmatiga yetishgur, bu nimasi, qoʻling shunchalik qisqami, axir imkoniyatingni kengaytirib qoʻygandik-ku, — debdilar xalifa.

Shunda Abu Dardo:
— Esingdami, ey Umar, Rasululloh (s.a.v.) bizga nima degandilar? — debdi ohista.
— Xoʻsh, nima deb edilar?
— «Sizning dunyodan oladigan nasibangiz musofirning xurjunidagi ozuqasicha boʻlsin», demabmidilar? Biz-chi, u kishidan keyin nima ishlar qilib yubordik, ey Umar? — debdilar.

«Shundoq-shundoq», deb turgan xalifa yig‘lab yuborgan ekanlar. Biz u zotlarning oldida kimmiz? Bu amalu ibodatlarimiz Alloh bir puf desa, changdek toʻzg‘ib ketmaydi, deb kim ayta oladi? Yana Alloh oʻzi bilgay: rahmat nazari bilan kimga qaraydiyu kimga nazarini ham ravo koʻrmaydi!..
— Vo-oy, — dedi akam biz xayrlashib eshikka chiqqach, (uzr, oldindan aytib qoʻyayapman!) — xuddi shu gap, shu rivoyatlarni otam ham aytar edilar-a! Qay birlari qay birlaridan eshitgan ekanlar-a, tavba-a...

Men sal ilgarilab ketdim, ungacha — turgunimizcha akam yana bir gapni aytdi. Toʻg‘rirog‘i:
— Tog‘a, Sizdan bir narsa soʻrasam maylimi? — dedi. Men unga hayron qoldim. U biz toshkentliklarga oʻxshab amaki deb murojaat etish oʻrniga farg‘onaliklar kabi tog‘a demoqda edi. Oʻz koʻnglida ulug‘roq koʻrdimi, yo yaqin oldimi, bilolmadim. Harqalay shunday murojaat etdi.

Sutchi amaki ham bunga ortiqcha e’tibor qilgani yoʻq.
— Soʻrang, eshon bola? Siz soʻraysiz-u, men yoʻq deymanmi? — dedi yumshab, tobora halimlashib.
— Siz... siz toʻramning tergovlarida qatnashgan ekansiz...

Qariya kulimsirab, bosh toʻlg‘adi:
— Sizga chatoq ma’lumot berishibdi. Hoziq toʻrani hech kim soʻroq qilganmas. U kishi uy qamog‘ida oʻtirib, oʻsha inqilob qanday amalga oshirilganini Moskovning iltimosi bilan qog‘ozga tushirib berganlar. Arab imlosida ekan, men oʻgirganman, xolos. Mendan keyin oʻrischaga ag‘darishgan.
— Ha, shuni soʻramoqchiydim, bir uchini eshitib edim, — dedi akam shoshib qolib.

U endi soʻzsiz bosh toʻlg‘adi va hiyladan soʻng dedi:
— Mening sizga maslahatim — bunga qiziqa koʻrmang ham, surishtirib yurmang ham. Bu narsalar ellik yilsiz ochilmaydi. Balki umrbod ochilmas.

U kelishdik-a, deganday kiprik qoqib, qoʻlini fotihaga ochdi:
— Iloho omin, eshon pochchamdan yaxshi mujdalar olib kelgan siz azizlarni Allohning oʻzi hifzu hi-moyasiga olsin va u kishining ruhlarini yashil qushlariga joylab, jannatlariga chorlagan boʻlsin.

Shom tushib kelar edi, sutchi biz bilan xayr-xoʻshlashiboq namoziga shoshildi, biz esa guzarda qolgan mashinamizdan xavotirlanib, qadamimizni tezlatdik.

Osmon hali ham sinkaga solingandek beg‘ubor edi-yu, ammo tuproq uyumlari ortiyu tomi oʻpirilgan vayronalar ichi bilan, yetim paxsa devorlar tagilab, bir qorong‘ulik oʻrlab kelar, shu pallada anavi surilgan tepalik oʻrnidagi temir mezana tagidan hayhotdek bir qora uning ustiga tarmashib oʻrlamoqchiga oʻxshar, oʻxshayverar edi. Hech yerdan negadir azon tovushi eshitilmasdi. (Darvoqe, uylari tashlab-tashlab ketilib, huvillab qolgan joyda azon tovushi nima qilsin!)

Ammo akam handaqlardan sakrab, tuproq uyumlarini aylanib oʻtib, shoshib borarkan, «Voy, Maqsud, uni qara-ya», deya ta’sirlanishini qoʻymasdi.

Axiyri oʻgirilib:
— Bilasanmi, otam, uni nima deb duo qilardilar?— dedi.
— Nimaga oʻziga ayta qolmadiz? — dedim men hayron qolib.
— Aytolmadim, yuragi koʻtarmaydimi, deb qoʻrq-dim,— dedi akam.
— Nega?
— Chunki har kimga ham unday duo nasib qilavermaydi.
— Qanday? — dedim sabrim chidamay.
— Bir sahar joynamoz ustida oʻtirganlarida bexos eshitganman, — dedi u qimir etmay allaqayoqlarga tikilgancha.
— Shundaymi? — deya oldim men, oraga boshqa gap sig‘mas edi.
— «Ey, Alloh, sendan yolg‘iz iltijom, agar jannati na’imlaringga musharraf etgudek boʻlsang, usiz meni kiritma. Jilla qursa, shafoat huquqini beru men uni bu dunyoda qilgan yaxshiliklari evaziga jannatga chorlay olay»... derdilar. U shu odam edi.

Hoziq Buvaga Ayon Bergan Narsa (yoxud hikoyachiga qorong‘u, muallifga ayon tarixlardan)

Eshikbon oʻsha xushroʻy juvonning oʻzginasi edi. U toʻntarig‘liq piyolaning orqasiga oʻsma siqib oʻtirgan joyida bularni koʻrib, tipirchilab qoldi. Qoshini apil-tapil chayib kelib, peshvoz chiqdi:
— Assalomu alaykum, Hoziq buva! Bizning tomonlargayam kelarkansiz-ku, koʻradigan kunlar bor ekan-ku sizni... — deya toshkentcha manziratlar ila soʻra-sha ketdi, — Xolamoyim bardam-baquvvatginamilar? Oʻzinglar oʻrganishib qoldinglarmi bizni shahri azimlarga?
— Rahmat, poshsha qizim, rahmat. Ie, uni qa- rang-u, Allohning marhamatini koʻring. Oʻzingiz-ku, mushkulimizni oson etibdi-ku.

U shu bir og‘iz soʻzdanoq tashrif boisini anglab, yurakkinasi shirin qalqib-hapriqdi. Ustiga ustak, tabibning qavatida yopishibgina turgan javdiroq bolakayni koʻrib (u qosh-koʻzlari popukdek, qiz bola boʻlib tug‘ilishiga bir baxya qolgan shirintoy edi), ichi shig‘ etdiyu dukirlashga tushib berdi! Bu mitti chehra chindan ham oʻsha mushfiqaga oʻxshab ketar, quyib qoʻygandek edi.
— Voy, oʻzim oʻrgila qolay, ayajonisini koʻrgani kelgan toychoqlar ham tortinib-begonasiraydimi? Voy, oʻzim boʻylaringga qoqindiq, zap kelibsiz-da.

U siqilgan oʻsma hidlarini gurkiratib, bolakayning peshonasidan oʻpdi va kuraklarini silab, bu-larga yoʻl berarkan, qariyaning koʻnglini olishga urindi:
— Keling, toʻra buva, jindak nafas rostlang. Issiqqina choy qilay.
— Rahmat, poshsha qizim, bog‘ tuzukdir, bahavoroq,— dedi tabib azim teraklar tagiga intiqayotganini sezdirib.
— Maylin, maylin, u yerning g‘ir-g‘ir shabadasiga nima yetsin, — deb yoʻl boshlarkan, ichidan «Sog‘inibdilar-da, terakzor taglarida aylanishlarini», degan oʻy kechdi.

Tabib entikdi.
— Bu yerning naq jannatdan chiqadurgan oʻynoqi bir yel-sabosi bor, bog‘boni xoʻb topgan joyni. Oʻtgan boʻlsa, Alloh rahmatiga olgan boʻlsin, tirik boʻlsa, umrini ziyoda etsin.
— Ilohim, ilohim, — deya duoga qoʻshilishdi juvon ham.

Yoʻlakdan oʻtib, qator quloch yetmas azim teraklar tagi bilan borisharkan (uning xol-xol kumushrang tanasidan tortib, koʻklab borayotgan shohlariga qadar yurakka yaqin edi, tavba), havo ham yumshab borayotganga, allatovur boʻylarni taratib, bir ajib epkinlar yuzga urilayotganga oʻxshar edi. Shu epkinlar ichida shifoxona hidi dimoqqa urilib qoʻyardiki, uning bahor boʻylaridan begonaligi yaqqol bilinib qolar edi. Ular yoʻlka yoqasiga — tagidan qizg‘ish surx navdalar berib, boʻy koʻrsata boshlagan gulzor chetidagi oʻrindiqqa choʻkisharkan, tabib uzrli qaradi:
— Nechuk, hech kim koʻrinmaydi, bemavrid kelib qoldikmi?
— Bemavrid emas, Hoziq buva. Siz kelasizu kim nima deydi?
— Harqalay gap tegmagani ma’qul-da.
— Xudo xohlasa, tegmaydi. Muolaja vaqti ham tugab qoldi, zoʻr kelsa, oʻzim chaqirib chiqa qolaman,— deb u otlana boshlab edi, qariya toʻxtatdi:
— Oʻzi qalay? Qadam bosyaptimi?
— Bosyapti-bosyapti, bergan dorungiz patoslarini taqa-taq toʻxtatdi. Ollohga shukr, Sizdan shunday minnatdorki...
— Hammasi Allohdan. Qolaversa, koʻrgiliklari arib turganki, doru em boʻpti. Oʻziga shukr, uyaltirmaganiga shukr. Yaxshiyam jujug‘i — toy bolani opkelibman. Ichikkanlar bir yayrashsin.
— Shuni ayting, — juvon bolani quchib, boshlarini siladi. — Voy, oʻzim oʻrgilay quralaygina koʻzidan. Ayasining boshi osmonga yetadigan boʻpti-da. Qolgan dardlariyam arib.
— Yana muolaja belgilashdimi? — dedi Hoziq buva xavotir ichida. Uning nazarida oʻsha damlab ichiladigan doruning oʻzi kifoya edi: bu doʻxtiri tushmagurlar yana nimalarni tiqishtirishib yotishibdi ekan?
— Yaraning oʻrniga-da, bitirishga-da: nurmikan, moymikan...

Qariyaning koʻngli joyiga tushib, xavotiri boʻshashdi:
— Unday boʻlsa, bezarar-bezarar. Biz shu yerda sha-badalab oʻtira turaylik, siz xabar beradigan boʻlsan-giz.

Izn tekkan ayol qarg‘ashoyi roʻmolini oʻray-oʻray ichkariga yoʻnalarkan, ikki oʻrim sochi nimchasining belidan pastini oʻpgancha toʻlg‘onib borar, Hoziq buva ilgari koʻrganidan hiyla kaltaygan koʻrinar edi. Tavba, xash-pash deguncha bu yerda turganiga ham hiylagina vaqt kechiptimi? U mana shu yoʻlkada erta saharu shomdan keyin sayr etishni yoqtirar, hech kanda qilmasdi. Hozir ham asta turib, toy bolani yetaklagancha qator azim teraklar tagi bilan ketgan soya yoʻldan sekin yurib borarkan, oʻsha yoqdan oʻynoqlab kelgan epkin-shabboda yuz-koʻzlarini oʻpib oʻtib, tanish nasimdan koʻksi koʻtarilib tushdi. Oʻzi bog‘ chekkasidagi shu yoʻlkada Xudo bergan bir boshqacha fayz bor: Oʻsha nasim, oʻsha shabboda oʻynoqlab oʻtdi deguncha ichdagi g‘uborlarni sug‘urib keta qoladi. Teraklar ham bu havo yoqib tushib shunday boʻy talashganlarki, yengil shovullab kishini shunday allalaydilarki, asti qoʻyaverasiz. Bu orada gulzor yoqalab, hoshiyasi qora-qora, qanoti momiqdan ham oq kapalakni quvib yurgan bolakay ham nihoyat qaytib kelib, savollarini qalashtira ketgan edi:
— Bu yer qanday bog‘, opoqbuva? Doʻxturxonaga boramiz, deb edingiz-ku.
— Olmazor bog‘, bolam, olmazor bog‘, — deb tushuntirgan boʻldi buva, soʻng yoʻl yoqasidagi suyanchig‘li oʻtirgichga choʻkib, uzana qoldi.
— Chiroyluv ekan,— dedi bola atrofga suqlanib.— Voy, anavuni qarang, filquloqmu? — u gulzor oʻr-tasida bulturgi koʻmilgan bandidan fil qulog‘idek barglar yoza boshlagan oʻsimlikka (hoynahoy bu atrofnikimas, qaysi bir iqlimdan koʻchirib keltiril- gan — oʻshanga) tikilib qolgan edi.
— Topding, bolam, biz tomonlarning gulimas bu.
— Siz koʻrganmusiz, bilasizmu? — Bola uning tizzalariga suykalib erkalandi, — ayting.
— Necha yilda bir ochiladi. Men ham koʻrmaganman. Sovuqqa yoʻq narsa, — dedi u.
— Bu yerda-chu, qanday oʻsyaptu?
— Avval ichkarida oʻstirishgan, keyin oʻtkazishgan. Tushunding?

Bola «tushundim» dediyu xayoli boyagi oʻsma qoʻygan ayolga ketdi:
— Anavu opoqu nima deydu? Biz kimnu koʻrganu kelganmuz?
— Ayangni. Seni bir xursand etay deb aytmab edim,— Hoziq buva uni erkalab, boshini siladi.— Qarasam, sog‘inib ketibsan. Nima, ilgari opkelishmaganmi?

Bola azbaroyi ta’sirlanib, koʻzlari bir turli g‘iltilladi. Oʻzi qult yutinib, yer suzdi:
— I-im, bu yerga hich kelmaganmuz. Bala-and uyga chiqqanmuz...
— Xudo xohlasa, bu yerdan oʻz oyog‘i ila yurib chiqqay. Mana, koʻrasan.
— Hozirmu? Xuddu hozir-a? — Bolakay ichi toshib, sakramoqqa, mitti kaftchalari bilan uning tizzalariga urmoqqa boshladi.
— Chiqsa kerak, aytgani ketishdi-ku, — kulimsiradi u.

Bola yana koptokday sakrab, oʻynoqladi:
— Ur-re, chiqadikanlar, chiqadikanlar. Ayam tuzalubdilar. — Qaytib kelib yana yopishdi, — ayting, opketamizmu, javob berishadimu?
— Xudo xohlasa, opketgani ham kelamiz.
— Nega?... Hozir javob berishmaydimu?.. — dedi bola birdan soʻnikib. U hafa boʻlib qolgan edi. Qariya bag‘riga tortib erkaladi:
— Faqat sen shoshma-da. Shuncha kutgan, yana jindek sabr qilsang boʻladi-ku.
— Maylu,— dedi bolakay kutilmaganda koʻnib.
— Ana bu — boshqa gap. Aqling gurkirab ketsa — shu-da, — deb qariya uning yelkasiga qoqib qoʻydi. — Boraqol, ungacha filquloqni tomosha qilib tur.
— Boʻptu. — Bolakay oʻsha yoqqa qarab chopdi.

U endi oʻziga tanish oshiyon tomon — jigarrang eshik-derazasidan tortib, peshtoqlariga qadar qadrdon boʻlib qolgan oʻsha moʻ’jaz ham koʻrkam oq binoga qaradiyu hayratda qoldi. Fasubhonalloh! Bu qana-qasi?! Oq binoning peshtoqlaridan tortib, butun to-mi shafaqrang alanga ichida qolgan, quyosh nurimi desa, alanga uning boʻg‘otiyu peshtoqlaridan toshib chiqar va qizg‘ish cherepitsali butun tomini oʻrab borar edi. Vodarig‘, bu nimasi? Kuppa-kunduzi oʻt ketyaptimi?!

Qariya oʻrnidan turmoqqa urinib, asosini paypaslab-izlab qoldi. Lekin shoshganda salomga alik topilganmi, aso qoʻliga ilinmasdi. U hushyor tortdi: «Unda nega hamma jim? Baqir-chaqir yoʻq?» Demak, bu bir g‘ayb, sirli koʻrinish, xolos. Tavba, nega shunday boʻlmoqda? Ilgari ham bir kelganida shunga oʻxshash hol sodir boʻlmab edimi?! U nimadan belgi beryapti? Qachondir oʻt ichida qoluvidanmi? Kimga ham ayta olasan bu holni?..

Xassa shunday yonginasida ekan. Uni qoʻlga oldi-yu, lekin turib ulgurmadi. Qaytib oq binoga nazar tashlaganda alanga susayib, nihoyati azim teraklar ortidan qiyalab, enlamasiga tushayotgan oftob seliga aylanib ulgurgan edi. Vo ajab, nechanchidir marta shunday boʻlmoqda. Avval tom baravar koʻtarilib (hatto quloqlariga olovning charsillab yonishi eshitiliblar ketdi!), gurillab turadi-yu, soʻng tomga yotgan nur boʻlib chiqadi! Bu nimadi? Darvoqe, bu narsa birinchi marta qachon koʻrinib edi? Kelganining uchinchi kunimi? Oʻshandan beri necha yil kechdi, moʻ’jaz oq bino — oʻsha oʻzi ikki qishgina istiqomat qilgan joy, qarang-ki, hali ham qilt etmay turibdi. Nazarida, erta-birisi kuni guv etib yonib, kul boʻlib tushadigandek! Hozir manavi shifoxonaga qoʻshib berilganmish. Aytuvli faxriylar tushib qolsa, shu yerga joylashtirishar ekan. Atrofidagi quyuq shapaloq bargli tutlar tagiga yog‘och karavotlar qoʻyib, gilamlar toʻshab, koʻrpachayu par yostiqlar tashlab qoʻyilganidan bilavering. Bu hukumat, bu katta dargohlar risolaga koʻra, xalq g‘amidan boshqa narsani bilmasa-da, oʻzini ham unutmagan koʻrinadi. Ammo... shunday joyga, bir musofir muslima, manavi bolakayning mushtipar onaginasi qanday tushib qoldi ekan? Kim joylashtiribdi?..

Yalpiz hidinimi, bodroq isinimi gurkiratib shabada oʻynoqlab oʻtdi. Qariya entikib ketdi. Haligi muattar isni sog‘inib, yana bir hidlagisi kelib, chuqur tin oldi. Yoʻq, u shabada qurg‘ur gulini allaqachon toʻkib, oʻrniga qoʻsha-qoʻsha koʻk ziraklar taqib, barg yozib boshlagan pastdagi olchazor koʻchalar tomon oʻynoqlab oʻtib ketib ulgurgan, bu yoqdan esa, xushroʻy juvon pildirab-shoshib kelmoqda edi.
— Topdim, ota, faqat... — havomi, nima yetmay yutoqdi, — faqat biroz kutasiz ekan. Muolaja tugashi ila tushib keladi. Tabib toʻram oʻzlari keptila, koʻrgani keptila, dedim. Eshitib bir yerga yetdi...
— Mayli, mayli. Biz mana shu bahavoroq joyda oʻtira turamiz. Bu ham boʻlsa, Xudoimning marhamati. Bahri-dilimizni ochmoqchi ekan, shu yerlarga yetkazibdi, kuta turamiz...
— Bir piyolagina choy olib chiqayin? Xitoyni xushboʻy choyidan bor, kiyik oʻti aralashgan? — uning koʻnglini ovlashga urinib, parvona edi ayol. Uning jonnisorligi, kuymanchikligi oʻziga bir yarashardi. (Birovning ustida oʻlib-qutuladigan ayollar hozirgi kunda anqoning urug‘i, mingtadan bitta topilar. Lekin shuniyam borligi — Allohning marhamati. Bu millatga bergan katta ne’mati) Qariya iyib ketib, bosh silkidi:
— Mayli, bir piyolagina boʻlsa... malol kelmasa agar...
— Maloli nimasi, men hozir... — deb tinmagur ayol kiraverishdagi moʻ’jaz uychasi tomon pildiradi. Shunda boyagidek muattar yalpiz hidi gurkirab ketdiyu u ayolning siqimidagi roʻmolchadanmi, nimadan kelayotganini ilg‘ab ulgurdi. Kimdir ilinib in’om etganu xalatining choʻntagiga sola qolmay, roʻmolchasida anqitib borar edi.

Bu orada Yodgortoy oldidan ikki bora chopib oʻtdi, shisha koʻzli toʻrqanot ninachini quvlab, yana gulzor tomon chopdi. Qariyaning xayoli esa bu goʻshaga kelib tushgan oʻsha birinchi kechaga qochgan edi...

Uni hukumat bog‘idagi dam olayotgan joyiga chaqirib borishdi. Ingliz elchisining qabuliga kiyib borgan qoʻmondonlik formasini hali yechib ulgurmagan edi. Shunchalik qistalangmish.
— Sizni shaxsan Olampanoh soʻrayaptilar! Sharq tabobatini bilgan tabib sifatida! Oʻylaymizki, u zotning iltimoslarini rad etmassiz?..
— Unda men... tabiblardek kiyinib olay, — dedi. Qayoqda! Oʻzini Mussolinini tog‘dagi qarorgohidan olib qochgan nemis yasovullaridan kam tutmayotgan bu qarchig‘aydek epchil yigitlar hech gapga koʻnmasdilar. Javob qisqa boʻldi:
— Chegarada kutib turishibdi! Kerak boʻlsa, ortingizdan yetkazib borishadi!
— Tabib xaltalar-chi? Uni olmoq lozimdur? — dedi atay.
— Bizga unisi buyurilmagan, tabibni gard yuqtirmay yetkazib kelgaysizlar, deyilgan, vassalom.
— Tushunarli. — Ne mushkul damlarda qilt etmagan yuragi bir seskandi. Va Allohga tavakkal qilmoqdan oʻzga iloji qolmaganini anglab, «Oʻzimni Oʻzingga topshirib, Oʻzingni vakil qildim — Hasbiyallohu va ne’mal vakil...», deb shivirladi.
— Nima dedingiz?.. — qulog‘iga yarim-yorti kir-gan kalomulloh kalimasidan g‘alati holga tushgan yasovulboshi (u dovqur koʻrinsa ham yoshi bir qoraga yet-gan odam edi) tisarilib ketdi. — Duoibad eta koʻr-mang.

U esa vujudidan boyagi titroq chekilib, oʻrniga bir yoqimli xotirjamlik oqib kira boshlagan edi, jilmaydi:
— Oʻlibman-da, moʻ’min moʻ’minga yomonlik sog‘ingaymi? Alloh asrasin! Demoqchimanki, hamonki olib ketishingiz lozim ekan...
— Xoʻsh? — dedi u fe’li aynib. — Unda nega imillayapmiz?

Tavba, na yaxshi gapga koʻnadi, na yomoniga. Naq azob farishtalarining oʻzi... Oʻzlari Allohning chinakam azob farishtalariga yoʻliqqanlarida nima qilishardi ekan? Pushmonlari ish bermasligini bilsalar edi...
— Menga ham quloq solinglar, jilla qursa? — dedi qat’iyroq qilib.
— Ayting tez, vaqtimiz ziq, — dedi u.
— Hamonki ish shu darajaga yetibdi, men qariyani ma’zur tutinglaru tahorat yangilab olmakka ruxsat etinglar.

Yasovul yigitlar (kim xangu mang, kim xushi qochib) bir-birlariga qarashdi. Qanday dahshatli ishga bosh suqqanlarini birinchi marta anglab qolganlar ham borday edi oralarida. Qay birlarining ichlaridan shaytanat chekilib, iymon yuz koʻrsatgudek: ruxsat ber, devorgudek ham edilar-u, ammo soʻnggi damda yasovulboshining yupqa labida allatovur nur koʻrindi:
— Bizga Sizni dor tagiga emas, boshqa dargohga eltmoq buyurilgan. Qoʻrqmang, Hoji aka.

Tog‘a yoxud pochcha desa, Madaminbek yurtidan ekan-da, deb oʻylasa mumkin edi. Bu «aka»layapti, qaerdan ekan? Lekin tagiga ot, qoʻliga qilich bersang, kimga yigit boʻlganini uzoq vaqtgacha anglamaydiganlar hilidanga oʻxshamasdi, tavba. Unda na millat tuyg‘usi, na millatdoshlik — dindoshlik tuyg‘usi yoʻq deyish ham qiyin. Faqat hammasini yasovulboshilikka almashvoribdimi?!

Shunga qaramay, buyruqlari, oʻzini tutishi bir poshocha edi!
— Baribir, biz biron yerga tahoratsiz chiqmaganmiz. Bexosiyat bu, — dedi chinidan qaytmay.

Qattiq turmasa, bu besharmlarda subut bormi! Biron jar yo oʻrda orqadan tig‘ urib, gum qilib ketmasliklariga kim kafolat beradi! Kalima keltirib ulgurasan yo ulgurmaysan. Tahoratsiz ekaninggayu banda soʻnggi tilagini tilashga haqli ekaniga qaraydimi bular. Namoz vaqti yoxud yuviqli-yuvuqsiz, bebismilloh qoʻshilib qolgandan bino boʻlgan bu shaytonvachchalar.

Yigitlardek chapdast boshchisi qat’iy bosh toʻlg‘adi:
— Uzr. Hozir mavridimas. Har qancha tahorat boʻlsa, oʻsha yoqda ulgurasiz. Chegaradan oʻtib olayluk, keyin, — dedi u qoʻlini havoda teskari sermab va yasovullariga buyurdi. — Jildik.

Uni yagona opel mashinasiga oʻtqazib, oʻzlari ham suqilib kirdilar-da, eshiklarni qars-qurs yopgancha ruldagi yigitning yelkasiga qoqdilar:
— Qani, qanoting boʻlsa, chiqarib uch!

Rulda (qay koʻz bilan koʻrsinki!) oʻz shofyoridan bitta tuki kam boʻlmagan dungan yigiti oʻtirar edi. Bilmagan odam hukumat mashinasi yoʻlga chiqib, Toʻram davlat qayoqqa otlanibdilar, derdi. Ana ustamonlik! Bu yoqda ular bog‘ qorovullaru soqchilarni gum qilib, yo almashtirib qoʻyib, darvozadan chiqib olgancha «kelishilgan joy»ga surib borardilar. Bu yerni tinchitgan, chegaradan oʻtolmaydimi?! Xamirdan qil sug‘urgandek oʻtarlar... Hammasi ado boʻpti! Nihoyasiga yetipti! Ozodligi ham, mustaqilligi ham! Nahot barcha-barchasi tugab, yetim qolmoqda bu aziz yurtu unga ishongan, jonu jahonini tikvorgan xalq?! Imm, qaerda adashdi? Nimani hisobga olmadi?! Yo oʻsha birvaqt, dovonda yoʻliqqan mahluq... bejiz emasmidi? Barchasi besamar ketuvidan bir imdodmidi? Hikmati ne edi?.. Yoxud farmonda shoshdimi? Bu uch viloyat — butun Tang-ritog‘ degani emas! Hali yetti viloyat ozodlik deb ingrab yotipti, mujohidlar, butun qoʻshin shay tursin! Ular ozod boʻlsa, biz ham ozodmiz. Ularga hurriyat olib kirsakkina, barchamiz hurmiz, butun Tangritog‘ hurdir! deb... shoshdimi? Balkim...

Chegarada — hammayoq oʻt-oʻlanu ufqqa qadar lolaqizg‘aldog‘larga koʻmilgan dashtda g‘ir-g‘ir shabadalar hukmron, qir qushlari oʻzlari bilan oʻzlari andarmon bir tarzda qaybiri koʻkatlar ichra, qaybiri musaffo osmon bag‘rida chuldirab yotishar, bu yoqda tekis maydon oʻrtasida ninachidek uchib kelib, koʻklam gilami ustida qoʻnibmi, toʻxtabmi qolgan kichkina uchoq qanoti soya-sida xumdek boshi ustarada qirtishlangan norg‘ul bir odam betoqat yurinar edi.

Nihoyat, u qizg‘aldoqlarni toʻzg‘itib, orqasidan esa qoʻsh koʻkish iz qoldirib oʻzi tomon uchib kelayotgan pildiroq qora qoʻng‘izmisol opelga koʻzi tushib, shoshib qoldi va qoʻlidagi kepkasini kiyishni-da, unutib, ular tomon peshvoz yurdi.

U og‘zi qulog‘ida, bu buyuk mamlakatning katta rahbarlariga rasm boʻlgan kitelining tugmalarini yechib-qadarkan, rapidaday qoʻlini koʻtarib, toʻxtang, ishorasini berishdan oʻzini tiya olmadi. Bu dunganlarga oʻxshab keng peshona, kepchik yuzli, xumbosh odam uni huzurida koʻrayotgandanmi (balki topshiriq qotirib ado etilganidandir!) oʻzida yoʻq xursand edi. Va bundan jilla qursa, andesha qilishni unutgan edi.

U buning shoshqaloqligidan uyaldi. Kim tagiga ot berib, ustiga toʻn yopsa, hamiyat koʻrsatib, oqsoqol koʻtarsa, xalqi qolib oʻshanga xizmat etib ketaverishdan toymaydigan oʻg‘lonlari bor bu millat uchun achinib, ichdan zil ketdi: biz ham qachon odam boʻlarkanbiz? Bir-birimizning payimizni qirqmoqdan uyalarkanbiz, toʻxtarkanbiz? Bir millat bolalari kabi yasharkanbiz?... deb ingrandi.

Lekin uning ich-ichidan otilib chiqmoqqa tayyor ingroqlarini kim ham eshitardi, kim ham ahamiyat berardi?!

Bunga sari u oʻzini tutmoqqa, koʻz soqqalari ostidan-da, tirqirab chiqmoqqa tayyor koʻzyoshlarini bosmoqqa, bu odamlar oldida past ketmaslikka urinar edi. Bosdi ham, har narsaga qodir Alloh soʻraganini berdi ham. Unga chindan oson ekan: arzimas daqiqa ichida xotirjamlik ato etdi-qoʻydi. Oʻziga hamdu sanolar boʻlsin! Es-hushini yoʻqotib, bir zambar loydek oʻtqazib qoʻymadi. Xotirjamlik bilan baro-bar g‘ururiniyu haybatini, shuncha ishlarga bosh boʻla olgan kishi salobatiniyu oʻzligini qaytarib bergan edi.

U ham bir hukumat boshlig‘i sifatida tushib bordi.

Mezbon uni avvalo qoʻmondon kiyimida koʻrib, kapalagi uchdi. Yaqiniga borgunga qadar ham xushi oʻziga kelmay haykalday qotgan edi, soʻnggi daqiqada, koʻz koʻzga tushib, tiliga jon bitdi. Va salom berib, koʻrishgani bormagi lozimligini anglab, peshvoz yurdi:
— Assalomu alaykum, tog‘a. — Ayiqdek besoʻnaqay odam — shunchalar samimiy boʻlib chiquvi — g‘alati edi: Yo bahoda yanglishdimi? — Yaxshi yetib keldingizmi? Uzr, bezovta etduk.

Uning qoʻli qattiq edi: yoki ortiqcha samimiyat koʻrsataman deb qattiqroq qisib yubordimi? Harqalay shunga yaqinroq edi. Uning yumshoq kaftini siqib turuvni oʻziga ep bilmay nihoyat ikki kafti orasiga olib, tavof etgandayin yarim xijolat ichida silay boshladi.
— Ma’zur tutasiz bizning yigitlarni, — dedi yana bir bor uzr aytib, — Topshiriq qistalangroq edi, boshqacha yoʻl koʻrinmay... kirib boraverishga jur’at etishdi...

Chegara degani qoʻshnining devori emaski, har bir uloqqan koʻppak xohlagan nahradan oshib oʻtaversa, istagan joyini harom oyoqlari bilan payhon etib ketaversa! Yana qaergacha kirib borishibdi! Elchi yoʻllash degan gaplar qani? Ikki davlat oʻrtasidagi bordi-keldi rasm-rusumlar-chi, ular qayoqda qoldi?

Mezbon oʻng‘aysizlanib, uning qoʻlini qoʻyib yuborishni ham, yubormaslikni ham bilmas, qoʻllari yengil titrar edi. Bu uning qoʻy koʻzlariga qarab qoʻyib:
— Nima gap? — dedi, oʻzi esa dil g‘ashligini yengillatsa zora, deb qir tomondan esayotgan shabadaga yuz tutdi. Qani, boyagi xotirjamlik? Oʻzini Allohga topshirib qoʻyib kelayotgandagi koʻngil tinchligi? Bu g‘ashlik qayoqdan oralay qoldi-yu, uni ukpardanam yengil manavi nasimlar ham koʻtarib ketolmayapti? Nahot hammasi tugab, nusrat yuz burdi? Mustaqillik tongi tug‘ib ulgurmay uning shomi kelib yetdi? Mezbon javob oʻrniga ham uning qoʻlidan tutib, kuraklarini silardi...
— Tog‘a, oʻzingiz tushunasiz-ku. Hamma tushunmasa ham Siz tushunasiz-ku. Biz Uning oldida kimmiz?! Kim ekanmiz! Xohlasa chivinday ezg‘ilab tashlaydi, xohlasa kaftida koʻtaradi. Ilojimiz qancha?..

Ana, sidqidiliga koʻchdi! Tan oldi... bor-yoʻg‘i kichkina odamligini! Tagidagi ot ham, egnidagi toʻn ham birovniki ekanini! Qulligi evaziga berilganini! Boyaqish millat! Kimlarga kuning qolgan?!

Ufqdami, qaydadir, soʻngsiz koʻm-koʻk guldor gilamning oxiri — qirning musaffo osmon bilan tutashgan joyidadir balki, kumushday yaltirab kattakon suv koʻringanday boʻldi. Nahot suv musaffo osmonga tutashib keta olsa? Nima u, dengizmi yo ufqdan ham berida yotgan bir narsa? Balki sarobdir. Kuppa-kunduzi sarob koʻrinsa-ya? U namlangan kipriklarini qoqib hayron qoldi: haligi dengiz bir tomchi koʻzyoshga aylanib, oʻz bilagiga tomdi. Yo, Alloh, bu nimaning belgisi, nimadan imdod? Nahot hammasi tugadi? Achchig‘i keldi va toʻg‘ri kelgan tomonga yura ketdi, shu barobar zarda ila:
— Sen kichkina odamman desang, men kimmanki, desam, qachon odam boʻlamiz oʻzi? — dedi qalbi sidirilib-oqib. — Bormi oʻzi bu yurtda el uchun boshini tika oladigan bir inson?!

Mezbon unga yetib olishgayu tinchlantirishga urinib, orqasidan talpindi:
— Tog‘a! Tushuning, axir. Har narsaga yetgan aqlingiz nahot shunga kelganda oqsasa? Tushunib turibsiz-ku! Nega tushunmaganga olasiz?..

Ammo u qulog‘i goh chippa bitib, goh shang‘illab ochilib ketsa-da, uning iltijolariyu rov-roʻkachlarini tinglashni ham istamas edi.
— Bormi tilka-pora qilsalar-da, soxta payg‘ambarlarga iymon keltirmaydigan mardlar?! Bormi Xuzofadek dinini sotmaydiganlar?! Badanimdagi tukim qadar jonim boʻlsa, shu dinimga sadqa hammasi, deya oladiganlar! Bormi?! — derdi boʻg‘ilib.

U esa yetib olib kuraklarini silar, zoʻr berib bag‘riga bosib, «jon tog‘a»lar edi.
— Jon tog‘a, bir gal mening ham soʻzimga kiring. Shaytonga hay bering. Uning ra’yiga toʻg‘anoq boʻla koʻrmang. Xoʻp deng, deya qoling.

U jim qoldi.

Osmoni falakda toʻrg‘ay boʻzlab-boʻzlab yig‘lar edi, kim mening makonimga besoʻroq kirdi, polaponlarimni oyoqosti etti, deb. Hov, qirda bir bijildoq qushcha g‘umay shoxchasiga qoʻnvolib shu chuldirar ediki, u roz aytyaptimi, boʻzlayaptimi, bilib boʻlmasdi.
— Xoʻsh, nima deydi, oʻshal Olampanohing... kremlida oʻtirvolib?! Hozir toʻg‘ri oʻshoqqa olib bormoqchimisanlar? — dedi taqdirga tan bergisi kelmay.
— Yoʻq, — mezbon quchog‘idan qoʻygan boʻlsa-da, yelkalarini silashdan toʻxtamasdi.— Hozir bizning qarorgohga boramiz. Alohida joy hozirlatib qoʻyganman. Oʻshatta bir-ikki kun tura turasiz. Dam olasiz. Soʻng ma’lum boʻladi — qabul vaqtlari.
— Bu sizlarning qaroringizmi yo kremliga qamalvolib, butun mamlakat uyquga ketganda ish koʻradigan oʻshal zotning amri?

Mezbon boʻshashib, uning koʻzlariga oʻtinch-la tikildi.
— Bilasiz-ku, tog‘a, biz kimmiz — nihoyati kichkina odamlar. Hammasi oʻsha Olampanohning ra’yi. Bizda ixtiyor qancha?!

Bir chekkasi achindi, bir chekkasi — toʻg‘risiga koʻchganidan suyundi: bilarkan-ku, hechkimmasligini! Oʻshal zulm mashinasining nihoyati bir murvati xolos ekanini!.. Shunga-da, shukr. Ammo gunohi kabiraning eng badbaxti shu emasmi? Bilib turib zulm itlarini mamlakatga qoʻyib yuborish, oʻz qavmini talatish emasmi? Javobi bor-ku, axir bu ishlarning ham!..
— Taxt bor-u, toj yoʻq. Nom bor-u, nishon yoʻq. Mamlakat bor-u, ixtiyor yoʻq! Shu holingizga «Sharqdan chiqqan marshal»misiz?
— Tog‘a, mening oʻrnimda boshqasi ham bu oʻyindan chiqolmasdi. Oʻzingizdan qolar gap yoʻq-ku, tog‘a. Biz hammamiz uning qurchoqlarimiz-ku, axir.

U boʻshashdi.

Jilla qursa, tan olyapti-ku. Ammo Mahshargohda bu bilan qutula olgaymi?

Sekin soʻradi:
— Biz musulmonmiz-a?
— Alhamdulilloh.
— Alloh haq-a?
— Haq, haq.
— Kitoblari bor-a?
— Bor.
— Payg‘ambarlariga ham ishonamiz-a?
— Ishonamiz, tog‘a. Haq hammasi.
— Qiyomat-chi, qayta tirilish-chi? Haqmasmi?
— Haq, tog‘a...
— Haq boʻlsa, bu ishingiz uchun qiyomatda ne deb javob bergaysizlar?

U oʻzini tortib, dabdurustdan tisarilib ketdi! Shu barobar oʻsha tomondan dimog‘iga allaqanday achimsiq hid urildi. (Nima boʻlsa, ekan bu?).
— Qaysi ishimizni aytmoqdasiz?
— Mana shu... — u oʻzlarining mana shu yolg‘iz turishlariga, sal narida esa bir og‘iz soʻziga mahtal yasovullariga ishora etdi, — mana shu qilmishingiz — kuppa-kunduzi bir mamlakatning kattasini imi-jimida oʻg‘irlab ketishingizni aytaman.

U elanib bir qadam bosdi:
— Tog‘a, Siz tushuning...
— Butun bir xalq ana endi erkka chiqdik, mustaqil boʻldik, deganda, oʻz ixtiyorimizcha, iymon-ishonchimiz boʻyicha yashaymiz, deganda, uni kim qilib ketmoqdasizlar? Qiyomatda Alloh oldida nima deb javob bergaysizlar? Bu xalq talab qilolmaganda, boʻzlab qolaverganda, har narsadan ogoh Alloh bor-ku? Unga nima degaysizlar?

U yer chizib, tosh qotdi. Soʻng bir titrab-seskanib tushdiyu kepchik yuzi quv oqardi. Koʻziga zoʻrg‘a qaray olib, shivirladi:
— Men bu yoqlarini oʻylab koʻrmagan ekanman. Oʻlay agar, oʻylagan boʻlsam. Faqat Siz meni tushunsangiz bas, kechirsangiz bas. Oʻshanda Olloh ham kechir- gay, gunohlarimdan oʻtgay, tog‘a. — U boyagidek elanib, yopishib keldi. — Tog‘a, boʻlar ish boʻldi. Eshiting meni.

Boyagi yolg‘iz achimsiq, qoʻlansa hid uning og‘zidan kelayotgan edi. Koʻngli ketib, oʻzini chetga tortdi:
— Ayt, ne deysan?
— Boʻlar ish boʻldi, bu yog‘iga menga ishoning. Yalinib-yolvorib boʻlsa-da, men sizni u Jodidan tortib olgayman. Asrab qolgayman. Gʻisht qolipdan koʻchgan. Sizni asrash mumkindir-u, mamlakatingizni asrab boʻlmaydi. Mustaqilligingiz allaqachon birovlarga in’om etib yuborilgan! Eshityapsizmi, in’om etib yuborilgan. Tangritog‘day mamlakatni ular hech qachon bir yalov ostiga birlashtirib qoʻymagaylar. Yon bosmagaylar, ovora boʻlasiz! Sizning tutgan yoʻlingiz — shariat boʻyicha ish koʻrishdan tortib, qolgan viloyatlarni ham ozod etmakka qilgan chaqirig‘u ahdingiz — hamma-hammasi u zotga ma’lum. Allaqachon yetkazilgan. Men kelmasam, boshqasi yuborilardi. Boshqa bir jallodning qoʻli bilan yoʻq etardilar. Yaxshisi, taqdirga koʻnaylik. Sizni mening qoʻlim bilan yoʻldan koʻtarib tashlasinlar-u, ammo bu yog‘ini... bu aziz boshingizni asrashni menga qoʻyib bering. Buni bir sizu bir men va yolg‘iz Olloh bilsin. Oʻzga yoʻl yoʻq, tog‘a. Balki shu turishimiz, shu kelishuv Ollohning xohlashidir. Bizni oʻz panohida asrashidir..

Hech zog‘ga, hatto eng ishongan yelkadoshlari tugul, ayoliga-da, og‘iz ochmagan, isini-da chiqarmagan pokiza niyatlari, dilga tukkan, oʻylab qoʻygan ishlari nima boʻldi? Oʻndan biriga-da jazm etmagandi-ku, hali?

U oyog‘ining ostiga, koʻkat bag‘riga qarab qoldi. Voh, ne ajabki, u — yerga oʻylab, ohista qadam qoʻyguvchi odam, biror jonzotga jabr qilib qoʻymadimmi, deb titrab turguvchi inson... yer bag‘irlab oʻsib-da, emin-erkin tup yozib yuborgan, tup yozish nima, bir ajoyib gullab yuborgan laylakoyoqni bosib turar, uning laylakoyog‘i misol qizg‘ish-pushti gullari etigi ostida ezg‘ilanib yotar edilar.

Joni achib, tisarilib ketdi! Lekin u qolib, boshqasini bosdi, boshqasini-da ayab, yana yangisini ezdi. Qayoqqa qadam qoʻysa, bahori kelib yashnagan bir gulni, ochilib-sochilgan bir koʻkatni bosar, payhon etardi. Ajinagullaru lolaqizg‘aldoqlar toptalar edi.

Chumoliga-da ozor bergisi yoʻq odamki, shunday noiloj qolsa!... Yokim ochilmoq bor ekan, payhon boʻlmoq ham bormi? Xuddi uning niyatlari kabi, maqsudi kabi. Endi gul koʻrsatganda... yakson etsalar?

Uning alam-achchiq ichida, labini tishlab, tishlamasa — ingrab yuborari hech gap emasdi — jim qoluvini mezbon qanday tushundi (balki rizolik alomati deb bilgandir) va anov yasovullariga qanday ishora berib ulgurdi, qizg‘aldoqzor oʻrtasida turgan uchoqqa birdan jon bitib, parragi aylana ketdi. Ovozi oʻtlog‘u qirni tutib, uning qulog‘i chippa bitdi...

Kimdir tizzasiga yopishib, bilaklariga shappalar, yengidan tortqilab, holi-joniga qoʻymay xushiga keltirmoqchimi, oʻziga qaratmoqchimi boʻlar-u, u nimaligiyu kimligini anglay olmas edi. Alhol, qaqajon qizaloqnikidek bir koʻhlik yuzga, (tavba, kipriklari muncha uzun-uzun?) koʻzlari oxunikidan ham ma’yusroq bolakayga (ha-ha, u oʻg‘il bola edi!) koʻzi tushib, qaerda va qay taxlitda oʻtirganini eslab, bir seskandiyu quloqlari zing ochilib, oʻziga keldi.

Bola mushtchalari ila uning koʻksiga mushtlab, bidirlar edi:
— Buva, buva, uni qarang, men kimni topib oldum! Qarang, kim keloptu. Eshitopsizmu?..
— Eshitdim, eshityapman, — U oʻgirilib, yetti qadamcha narida ang-tang qotgancha turib qolgan juvonni koʻrib, bir uning, bir tizzalari orasiga suqilib olgan bolakayning yuzlariga qarab, hayratga tushdi. Bu istarasi issiq, jajji yuzni yana qaerda koʻrgan ekanman deb yuribdi! Yo musavviri olam, quyib qoʻygandek-ku! Nur ingan bir tomchi suvday-ku ikkisi!..

Bola uning ichidagi g‘alayondan bexabar soqollariyu yuzlarini silab, oʻynoqlardi:
— Qarang, buva. Menu qaerga opkelupsiz? Ayamnu opketub qolushgan joyga opkelupsuz. Qarang, tuzalup qoptular. Yurup ketuptular, qarang.

Hoziq buva uning boshlarini silab, doʻppichasini toʻg‘rilab qoʻydi.
— Koʻrdim, bolam, koʻrdim, niyat xolis boʻlsa, shu-da. Alloh shifosini bersa, shu-da. — U hassasini qoʻliga olib, shoshqich turishga unnaldi. — Keling, qizim, opoqmisiz endi? Allohning madadi ila san koʻr-man koʻr boʻp qoldimi uzvlaringiz?
— Voy, turmang, qoʻzg‘olumang, — juvon sal oqsagancha kuymanib joyidan jildi, — menga Siznu aytishub edi. Yodgormurodumnu koʻrib, esum og‘ib qolibdu. Kim bila qanday kelibdu, deb...

Buva tavoze-la bosh egdi:
— Ma’zur tutgaysiz, qizim, mendan oʻtibdi. Men dunyobexabar qariya... ayttirishim kerak edi...

Juvon shoshib qodi:
— Yoʻq-yoʻq, aslo!.. (Unday deya koʻrmang!) Qaytaga bag‘rum toʻldu, koʻrub bir yerlarga yetti boshum. Sog‘ingan ekanman qoʻzimnu... — deb yopishib borgan oʻg‘ilchasini oʻziga tortib, boshlarini siladi.

Oʻzining parishonligidan (qanday g‘aflatda qoldi, tavba!?) jindek sarosimagami, xijolatgami tushgan qariya kalima keltirdi: La ilaha illalloh! Chindan Allohning karami keng, hikmati beqiyos! Uni sababchi etib, bularni yolg‘iz koʻrishtirgani qanday goʻzal boʻpti! Onasining etaklariga yopishib, bag‘riga singib bora-yotgan bolakayga nigohi tushib, yeng uchi ila mijjalarini kishibilmas artib olarkan, bu topishuv asli dardlarning arishidan bir mujda ekanini oʻylab ketgan edi u.
— Voy, nega bu yerda oʻtiribsuz? Yuring, ichkaru kiring. — Juvon bu orada oʻziga kelib ulgurgan, mulozimatga tushgan edi.

Ammo qariya yellar izmiga boʻy berib, kumush «kaft-chalari» ila oʻziga xos qarsak chalib yotgan (ular ham Tangriga tasbehot aytib charchamasdilar) manavi azim teraklar ostidan jilgisi, bu salqin ham tinmagur shabadalardan ajragusi yoʻq edi. Tashakkur aytib, yengil ta’zim etdi:
— Agar mumkin boʻlsa, shu yerda oʻtira qolayluk. Jannatning bir boʻlagidek joy ekan: orom yog‘ila- di-ya, jonivor bu teraklaru tinmagur yellardan.
— Voy, nega mumkin boʻlmasun. Ixtiyorungiz-ixtiyorungiz.

Yodgortoy ham ayasiga yopishib, nimchalaridan tort-qilar, qistar edi:
— Oʻtiramuz, oʻtiramuz. Endi hech yoqqa ketmaysuz. Sizsiz ketmaymuz biz. Toʻg‘rimi, buva? — Bolakay qariyadan najot kutganday qaradi. — Ayting siz.

Qariya jilmaydi:
— Zoʻrg‘a topib olganimizda qanday tashlab ketarkanmiz? Opketamiz... erta-indin, Xudo xohlasa.

Bolakay sakrab-qunadi:
— Ana, opketarkanmuz, opketarkanmuz.

Oʻg‘ilchasining bu «qilig‘i»dan xijolatlarga botgan (ammo ichida yayrab borayotgan!) juvon atrofga alanglab, jujug‘ini bag‘riga tortdi:
— Voy, jim, eshitganlar nima deydu? Bu yernu bilmaysanmu?.. Bu yerda shovqun solmaydular.

Bolakay onasining quchog‘idan qariyaga javdira- di:
— Shunaqamu, buva? Urushub beradularmu?

Oʻltirishga chog‘lanayotgan qariya tag‘in-da shirinroq jilmaydi:
— Senga kechirarli. Hamma ham ayajonisini senday topib kelsunchi...
— Ana-ana-ana! Eshitduz! — deb ayasining quchog‘idayoq sakrab-quvnadi u.

Juvon esa uni quchog‘idan qoʻymay qulog‘iga bir nimalarni shivirlar edi:
— Yodgor, senu kim aytadu, mening Yodgorum deb?!

«Yodgorum deb?!». Qariyaning peshonasidan bir nima yurib borayotgandek... bexos vujudiga titroq indi. Ichidan yuragini sidirib-kuydirgudek bir nima tilib oʻtdi: «Kimning Yodgori? Oʻsha Boturnimi yoxud boshqa birovni? Boturning tirnog‘i deb adashmadikmikan ishqilib? Unda bu mushfiqa kim boʻlib chiqqay? Ayolimi?»

Oʻltirdilar. U oʻsha boyagi — joylashib oʻltirsayoq bellariyu kuraklari bir ajoyib qolipga tushgandek, xush yoqib oʻrnashadurgan joyga choʻkdi. Oyoqlari hatto (toʻrt enlikkina) koʻtarilib ham qoldi. Bundan tizzayu boldirlari bir orom topayotgandek edi. Ammo ayol kishining oldida bu oʻltirishi oʻziga ep koʻrinmay, qaddini koʻtargan edi, oyoqlari yerni oʻpib, oʻzi jindek taskin topdi.

Juvon esa chekkaroqqa omonatgina choʻkkan, unga qarab qiya oʻltirar edi. Oʻg‘ilchasi boʻlsa, allaqachon uning bag‘ridan chiqib, oʻrtadagi joyga tarmashar, ikkovlarining oʻrtalarida bir yayrab oʻltirmoqqa hozirlanar edi. Bolaligim — poshsholigim, deb shuni aytadilar-da, koʻngliga kelganini qilmay qoʻymaydi. Qani, shu yoshda boʻlib qolsa... Allohdan nimani tilar edi? Oʻtgan umri, bosib oʻtgan yoʻllarinimi yo... dediyu ichidan bir g‘uluv uyg‘onib kelib, boʻshashib ketdi. Shu boʻshashuv ichida tili istig‘forga juftlandi: «Asta’firullohil aziymi va atuvbi ilayhi». Oʻzing mag‘firat aylagaysan... taqdiri azaldan qochib boʻlurmi?— dedi tin olmay. Manavilar ham yuribdi ekan-ku, musofirlik tuzini totib... Tangritog‘dan uzoqda. Oʻzi toʻzitib, ayriliqqa solib qoʻygan boʻlsa-da, shukr etib... chidab.

Ammo shu bilan birga koʻnglining bir chekkasida nimadir g‘imirlar edi: rostdan shular Boturga tegishli ekanmi? Bu uning tirnog‘iyu unisi ayoli?

Soʻrashga og‘iz juftlab-juftlab qoʻyayapti-yu, lekin tili bormasdi. Teskarisi boʻlib chiquvidan qoʻrqyaptimi? Balki.

Axiyri, boʻlmadi, qariya tomoq qirdi:
— Men sizdan xabar olish bahonasida toychog‘ingizni yetaklab kelganimdan xafamasmisiz?

Juvon ham yorildi:
— Ollohga shukr, Tangri bersa, qoʻshqoʻllab beradi ekan.
— Yoʻg‘-e, yana qanday yangiliklar? — dedi qariya shoshib qolib.

Juvon uning yuziga botinib-botinmay qarab qoʻyib, chiroyli juftlab oʻtirgan tizzalari ustida qovushtirgan qoʻllari ila uringangina koʻylagining etaklarini siypadi.
— Bugun nurga solub koʻrishib edu...
— Xoʻsh-xoʻsh? Oʻzgarishlar qanday? — Qariya yarim oʻgirilib, oʻrindiqdayam tinchimayotgan bolakayning tizzalariga qoʻlini qoʻygancha, juvonning xayrli soʻzlar chiqayotgan og‘ziga tikilgan edi. U esa allaqanday toʻliqib, xoʻrsindi:
— Sizga, Siznu menga topub berganlarga minnatdorchiligumni qanday izhor etsam: g‘ubor ham qolmaganmush...

Qariya yengil tin oldi: u mavlosigami, kimga shivirlar edi: xayriyat, uyaltirmabsan qulingni. Sening ilmu qudrating oldida bandangniki hechdir. Tomchicha ham emasdir. Oʻzing qoʻllamasang, kim ham qushoyish berolgay edi manavi mushfiqaga?!

Unga ham shu gapni aytdi:
— Biz sababchimiz, xolos, najotni bergan Alloh. Barcha tahsinu hamdlarga yolg‘iz Oʻzi loyiq, Oʻzi sazovor. Bandasi nima qila olardi, agar Alloh qoʻllamasa, xushlamasa. Xushlasa, yuz yillik dardlar ham arigay bir zumda. Uzun judoliklar barham topgay. Ayriliqlar ado boʻlib, sog‘inganlar qanday topishganini bilmay qolgaylar, xuddi bugungiday. Qoʻzichog‘ingiz oldingizdan oʻynoqlab chiqib qolganday. Toʻg‘rimi, puchoqtoy? — deb erkalab, barmog‘ini bolaning tugmachaday burnichasiga tekkizmoqchi edi, Yodgor boshini onasining bag‘riga olib qochib qiqirladi:
— Hecham-de.
— Nega endi? Yomonmu tugmachaga oʻxshasa? — dedi qariya tegishib.
— Yoʻq, — dedi u biyron va onasining yuziga qarab qoʻyib. — Mening burnum, bilasizmu, kimnikiga oʻx-shaydu?
— Xoʻsh?

U oʻrindiqdan sakrab tushib, ayajonisining yoniga turib oldi.
— Qarang endu, kimnikiga oʻxshaydu?

Juvon loladek qizarib ketgan edi, uni uyalibgina bag‘riga tortdi:
— Voy, sen tushmagur. Bu gapnu qaytdan topdung?
— Maqsud amaqum aytdula. Yomonmu?

Qariya boshini orqaga tashlab, ta’sirlanib-ta’sirlanib kularkan, mijjalaridan tirqirab chiqqan yoshni kaftlariga artib, ado etolmasdi:
— Qaysi, doruga borgan yigitchami? U aytgan boʻlsa, ishonmoq kerak, ishonmoq, — deb turib, juvondan soʻrab qoldi: — kechirasiz, u Sizga kim boʻlgay?
— Qaynum, — dediyu juvon qizarib ketdi.
— Ie, shunaqamu? — dediyu qariya oʻzining savolidan oʻzi oʻng‘aysizlanib qoldi. U mushfiqaga sir berib qoʻyganidan ichidan zil ketmoqda, hojati boʻlmasa-da, tizzalarini uqalab, toʻnining barlarini toʻg‘rilab-tekislar edi. Nima goʻzal, har narsaning chini — haqiqati goʻzal. Lekin shu tobda andisha oʻndan- da goʻzalroq edi. Ayniqsa, manavi toy bolaning oldida, uning mushfiqa ayajonisiga tegishli narsalarda. Negaki, oʻzining g‘amlari yetarli, koʻrguliklari yetarli. U shu asno ayajonisining tizzalariga yopishib, bemavrid elanayotgan bolakayga chalg‘igan kabi, unga su-yibgina qarab qoʻydi.

Kelin (toy bolaning ayasi) u oʻylagandan ham sezgir edi. Uning shu nigohidanoq bir narsalarni sezab, oʻg‘ilchasia javob berishga shoshildi:
— Xoʻp, bolam, xoʻp, faqat uzoqma. Gulzorlarga oralab ketma.

Uchib-qoʻnib turgan toychoqqa shu kerak edi: u ikki yonchasiga shattalab, samantoylardek chopa ketdi.

Qariya oʻynoqlab boraturgan bolakaydan nigohini uzmaskan:
— Bunizzi u yoqda koʻrsangiz, dalada yayrashini koʻrsangiz, — dedi.
— Qaerda? Maqsudxoʻjalarnukidamu? — dedi juvon til-zabon bitib.
— Undanam nari... — dedi qariya chinimi-chiniga koʻchib. — Tarnovda. Gʻir-g‘ir shabadalar diyori — bizning bog‘imizda.
— Voy, nega? Bularniku-chi? — dedi u tashvishga tushib.
— Harna koʻzdan nariroq,— dedi tabib oʻsha-oʻsha halimlik ila chinidan qolmay.
— Tushunmadum, — dedi kelin titranib.

Qariya uni xotirjam etgali, muloyim boqdi:
— Shunaqa iltimoslar boʻlib edi.
— Iltimoslar?— dediyu kelin u yog‘ini aytolmay tek qotdi: Aytishga uyatmi, xayomi, andishami — qoʻymasdi.

Qariya shoshib qoldi: xijolatlarga botdi:
— Siz qoʻrqmang, eski qadrdonimiz Mirzahojimdan... elchi kelub edi.
— Elchu? Adamlardan-a? — Kelin esi og‘ib, turib olgan, qaytib oʻtirish xayoliga-da kelmasdi. — Siz u kishinu...
— Taniganda-chi, — dedi qariya. Soʻng yuzlaridan nur yog‘ilib: — Shunaqa, bir qarashda olam keng, hamma begonadek koʻringani bilan aslida unday emas, — dedi.— Odam igna emaski, yoʻqolib qolsa. Mana, Alloh kushoyish bersa hech gap emaskan. Qadrdonimizning siz aziz gavharlarini topib turibmiz. Faqat u Botur Mirzahojimga kuyov boʻlishini bilmaskanmiz. Bilsak, allaqachon yetib kelardik-ku bu yerga. Shungayam shukr. Dilimizga solganiga, koʻrishtirganiga shukr, — dedi qariya Allohga hamd aytib.

Mushfiqa kelin esa sevinchlari buloq suvidan-da tiniq koʻzyoshlarga aylanib, yuzlarini yuvib tushar, shuncha quvonch ustiga Botur haqida soʻrashga jazm etolmas, hayosi qoʻymas edi. Qariya shu holiga mushfiqani bir yoʻla xursand etmoqni oʻylab, uning yana bir aziz kishisi haqida soʻz ochgisi kelardi.
— Darvoqe, Hojimning kuyovlari, bizning Boturdan qanday daraklar bor? Koʻrganimga ham vallohi a’lam necha yillar kechdi? — dedi soʻrash oʻzi uyatlu boʻlsa ham.

Taxmini rost chiqib, boyaqishgina gangib qoldi.
— Kim, Sultonmurod akamu? Siz... u kishinu-da tanigaymusiz? Bilgaymusiz? — deb yubordi bir yerga yetib.
— Nega bilmayin, qizim? — dedi u tomog‘iga issiq bir narsalar qadalib ham kuydirib kelib. — Meni deb... yurak yutib bu yoqlarga-da dovon oshib kelgan Boturni unutib boʻlarmi?
— Oʻsha kishi-ya? Shu yoqlarga-ya? — Juvon bir qachongi tarixlarni xotirlab xushhol tortdi, ichi yorishib, oʻzi qaltirab borar edi. — Qachon, qay vaqt? Besh yillar burun...mi? — deya oldi.
— Shunday-shunday. Oldi oq oʻriklar hol tashlagan kez. Men hech kutmagan bir kun, asr bilan shom orasi, — dedi qariya xotiralarga berilib. — Shu-shu qaytib koʻrmadim. Bilolmadim, hollari ne kechdi. Ishqilib, Alloh oʻz panohida asragan boʻlsun u boturlarni, u toza oʻg‘lonlarni.

Qariya-ku, kumush terak tepasiga tikilgancha jim qolgan, botirlarining taqdirini oʻylab ketgan, juvon esa ikkala kaftini yuzlariga bosgancha hiq-hiq yig‘lar edi. Bugina emas, unga qoʻshilib tepadagi azim teraklar shovullab, adoqsiz kumush barglari koʻklam yellarida pirpirab titrar edilar. Kumushdan ham tovlanganroq orqa betlarini koʻz-koʻz qilishar-u, ammo buni uning ostida oʻtirganlar koʻrar ahvolda emasdilar.

Olloh ularni ayni shu mahal, shu soatda anavi gulzor yoqalab hol-hol gulli mitti kapalakning goh balandlab, goh pastlab qanot qoqib boruviga xushi og‘gancha qolgan bolakay tufaylidan uchrashtirib, hech kimga-da ochib boʻlmas sirlaridan voqif etarkan, buning hikmati ne — yaxshilikkami va yana anduhgami, bilolmasdilar.

Shu tobda qariyaning koʻzi daf’atan oq binoning peshtoqidan oʻrlab chiqib borayotgan tanish alangaga tushib, sergak tortdi. Alanga bir muddat kuchayib-guvillab bordi, ammo bu gal tomning peshtoqlaridan kutarilmay boʻshashmoqqa boshladi. Qariyaning koʻz oʻngida susayib borib, och qizg‘ish peshtoqning oʻziga singib keta qoldi.

Tabib kuppa-kunduzi sodir boʻlib turgan bu narsaga ishonishini ham, ishonmasini ham bilmay qotib oʻtirarkan, juvondan uyalibmi, istihola etibmi, koʻzlarini yumgancha shivirladi: «Yo qodir Alloh, bu ne karomat? Karomat boʻlsa, hikmati ne?», deya oldi.

Uning bu oʻtirishiyu bu holiga koʻzi tushgan juvon hovliqib qoldi:
— Voy, Sizga nima boʻldu? Koʻzingizni oching, beri qarang.

Qariya koʻzini ochib, boshini saraklatdi va ohista orqasiga suyandi:
— Hechqisi yoʻq, oʻtib ketdi,— dedi xijolat aralash.

Juvon seskandi:
— Nima edi? Nima koʻrindu?

Qariya uning yuzlari oqarib borayotganini koʻrib, qoʻzg‘olib qoʻydi. Va hech gap yoʻqligini bildirmoqchidek, tizzalarini uqaladi:
— Siz mabodo oʻsha oq binoda turmaysizmi? — dedi teraklar ortidagi oppoq binoni koʻrsatib.

Juvon bosh toʻlg‘adi:
— Yoʻq, biz bu yoqdagisidamiz, nimaydi, ota?
— Unda bir sir bor, odam bolasining aqli yetmaydirgan, — dedi qariya bosh koʻtarmay va xayolga tolib qoʻshib qoʻydi: — Hovfimda koʻrinsa, ta’bir qilish mumkin edi, oʻngimdagisi qiziq, u nimadan belgi bermoqda, hech tushuna olmadim1.

Teraklar shovullar, yellar rayhon hidlarini sochib oʻynoqlab oʻtar, gulzor atrofida chopgan bolakay hali toʻrqanotli ninachilarga, hali unqanot kapalaklarga mahliyo — tikilib-tikilib qolar edi.

Bahorning tinch, beg‘ubor bir pallasi edi. Koʻp tarixlarga shohid oq bino esa yarmi soyaga koʻmilib, yarmi nurga choʻmilib yotar edi.

Oq Binoning Yolg‘iz «Egasi» (yana oʻsha muallifga ayon tarix davomiga)

Nihoyat, bozorliqni quchoqlab koʻtarib olgan Yodgortoy oldinga tushib, uning qiliqlariyu oʻziga yarashgan «viqorli yurishlari»ga mahliyo onaizor orqasidan ergashdi:
— Maylu, biz tezda qaytamuz.
— Bemalol, bemalol. Bamaylixotir tashlab chiqaveringiz. Men oʻtiraturaman, — dedi qariya.

Jujug‘ini xoʻb sog‘ingan mushfiqa oʻg‘liga qarab toʻymasdi. Oldiga tushib, bir qop semirib, erkalanib borishlariga mahliyo-mahliyo tikilar, koʻzlariga ishonmasdi. Dardi ariy boshlagani ustiga buning keluvi boyaqishginaning boshini koʻkka yetkazgan edi: qolaversa, insonga koʻpam nima kerak? Allohdan bekorga jindek xotirjamligu tan sog‘lig‘i soʻraladimi?

Olmazor ortidagi chakalakda adashib bulbul sayradi. Unga joʻr boʻlib, bog‘ ichida qorashaqshaqlar beozor quvalashib uchib-qoʻndi. Teraklar orasidan bir toʻp chumchuq (qayoqqa shoshadi bular?) oʻqday uchib oʻtdilar. Gʻimirlagan jon borki, koʻklam ne’matlari ichida oʻynab-quvnardi. Ichida zarhal qaynab, oʻn sakkiz ming olamga nur sochayotgan oftob ham oq bino ortidagi qoʻsh terakning belidan oshib qolgan, shu turishida ikki terak oʻrtasiga zar hallinchaklar tashlar edi.

Bu yoqda, qariya oʻtirgan yerga esa azim teraklardan hamon soyaga qoʻshilib, orom yog‘ilardi. Kimdir pastdan shipillab kela turib, yakkam-dukkam ochilib bergan boʻychan sariq safsar gullar tagidagi oʻrindiqda oʻtirgan oq-oppoq cholni koʻrmay oʻtgan joyida, salom berdi:
— Assalomu alaykum...
— Vaalaykum...

Ovozidanmi, nimadan u qariyani tanib, turgan yeridan jilolmay qoldi.

Qariya ham uni salqi qovoqlariyu shilpiq koʻzidan (pastki mijjalari oʻsha-oʻsha osilib, jiyaklari qizarib turardi) tanidi. Bu oʻsha oq uyning mutasaddi pazandasi edi. Oʻshanda bir og‘iz soʻzi bilan javobini berib yuborishgan edi-ku, yana qaerdan paydo boʻla qolibdi?
— Ha, Jamoloxun, qanday shamollar uchirib?.. — dedi qariya Ollohning gunohkor bandasini xijolatdan qutqarib.

U nochor-noiloj qayrildi. Ming xijolatga botib (er oʻpib kel, desa kelardi!) oppoq ham toʻmtoq barmoqlarini choʻzib (nima boʻlgan — oʻng qoʻlining toʻrt barmog‘i tekis yoʻq edi!) ikki bukilib kela boshladi.
— Uzr, toʻra buva, ilg‘amay qolibman. Esonmisiz-omonmisiz? Nechuk-nechuk?..

Qariya uning dovdirashidan miyig‘ida kuldi: qoʻlini olmasa boʻlmay (axir kechirgan!) dedi:
— Oʻzlariga yoʻl boʻlgay?

Jamoloxun battar oʻng‘aysizlanib, shilpiq koʻzlarini olib qochdi:
— Xizmatchilik, yana chaqirib qoʻyishmay, — deb qisindi.

Qariya «vazifang og‘ur, Mansur»1" deb yuboray de-di-yu, mulzam etib, gunohga botgisi kelmadi. Dunyoda bandasini izza qilgandan yomoni yoʻq. Oʻlibdimi, endi qaytib u ishlarga qoʻl ursa. Oʻzi esa oʻsha muzdek begona qoʻlni boʻsh qoʻydi:
— Yaxshi borgil, koʻrganimdan xursandman. Harqalay g‘imirlab yurgan ekansan-ku.
— Rahmat, hazrat. Kechirasiz, toʻram taqsirim, — deb gap oʻrtasida uzr ham soʻrab qoʻydi. — Bizga xizmatlar boʻlsa, tortinmay buyuraverasiz, — deb jilpongladi. (Oʻzi qutulganiga shukr qilib, qocholmay turibdi-ku, yana yaltoqlanadi. Sut bilan kirgan — jon bilan chiqarkan-da!)

Hoziq buva ichida Allohning qudratiga tahsin aytib turgan boʻlsa-da (nega aytmasin, Alloh bunday bandalarini nimaga yaratib qoʻyibdi — turgan-bitgani hikmat-ku!.. Odam qay koʻchaga bosh suqsa — mahluqqa aylanajagiga misol-ku bu!), oʻziga qattiq-quruq gapirmadi.

U esa, «rahmat, hazrat, kechirasiz, toʻram taqsirim», deganicha qoʻli koʻksida besh qadamcha tisarilib borib, soʻng shipillab keta boshladi.

«Chaqirib qoʻyishmadi...» Nima rost — shu rost. Shoʻro oʻziga xizmat qilganlarni unutmaydi, xor qilib ham qoʻymaydi. Ayniqsa, mana bunga oʻxshaganlarni...

Hoziq buva irkit oʻylardan chalg‘imoq uchunmi, oʻrnidan turib, terak tagidagi sharqiroq ariq labiga bordi. Qarangki, u jaladan keyingi boʻtana suvdek loyqa edi. U yuz-qoʻlini chayib, bir yengil tortgisi kelib edi, niyatiga yetolmadi. (Boʻladi-ku, axir shunday: hamma narsa xohishingga teskari kelaveradi!). U bahavoroq joy izlab, yoʻl yoqalab pastroq tushdi, teparoq chiqdi. Yoʻlning bu yoqasidagi yolg‘iz qari sada tagigacha bordi, ammo oʻzi boya oʻtirgan joyga oʻxshatmadi. Qaytdi. Hammasi g‘ir-g‘ir yellarga koʻksini ochgan oʻsha joydan oʻtaversin edi! Ammo... ammo buva oʻzini shuncha chalg‘itgani bilan oʻsha oʻtmishni — anavi irkit kimsa ila kechgan voqeani unutolmasdi...
— «Mana, zog‘ ham kirolmaydigan bog‘. Tangritog‘dagi bog‘ingizdan zoʻr boʻlsa zoʻrki, kam emas. Bu ham hukumatniki. Mana shu oq bino butun xizmatchilari ila Sizning ixtiyoringizda. Istagan narsangiz oʻsha zahoti muhayyo etiladi. Bemalol yashayvering. Faqat bog‘dan bir qadam jilmaysiz. Birovlar bilan muloqot, oldi-berdi man etiladi. Ulug‘ Olampanohdan izn boʻldi deguncha qabullariga eltamiz. Ungacha... shu yerdasiz».

Shunday deb tashlab ketishganicha... uchinchi kuni peshindamikan, vallohi a’lam, qasr namozini endi oʻqib boʻlib, joynamozning bir chetini qayirib, tasbeh oʻgirayotib edi, eshikni shamolmi — nima itargandayin «g‘iyt» ochilib, turib qoldi. Hech kim kirmadiyam, koʻrinmadiyam. Yolg‘iz namoz oʻqigan kezlari shunaqa boʻlguchi edi, u yoqda. Buni jamoat boʻlib namoz oʻqimoqqa tushgan farishtalarga yoʻyib, bir g‘alati sir bosib, xushu va xuzu ichida qolar, eshikni yopishni ham unitar edi. Hozir ham oʻshandayin bir narsa sodir boʻlib, shu holatga tusha boshlagan chog‘ida... oʻsha qiya ochiq eshikni yana bir nima asta itardi.

Sharpa shu qadar g‘ayritabiiy (shamol boʻlib shamol emas, maxluq boʻlib maxluq) ediki, tirnog‘idan boshiga dovur duvillab bir jimirlov yugurib, soch tolalaridan chiqib ketdimi, tirnoqlari uchidan tizza- lariga, undan joynamozga oʻtib ketdimi, bilolmay ham qoldi. Farishta tushsa, namoz tugab tasbehotga oʻtirganda tushadimi? Asr payti boʻlsa ham boʻlak gap edi: farishtalar almashinmoqda desa... hali peshin-ku...

Shu tob bexos oʻshal eshikdan asta moʻralamoqqa boshlagan kimsaning oq-oppoq yapasqi yuziga koʻzi tushib, shuncha qaltis damlarda qilt etmagan yuragi shig‘ etdi. Bu titroq tizzalaridan joynamozga oʻtib ulgurmay... oʻrniga bir shukr, bir taskindan avval... qazoi qadarga taslimiyat — oʻlimni boʻyniga olmoqlik bosib keldiyu «inna lillahi va inna ilayhi rojiyun» deya shivirladi. «Oʻzingga shukr, Allohim, omonatingni bosh-qa biron joyda emas, joynamoz ustida oladigan boʻlibsan», deb koʻzlarini yumgancha... tasbehga berildi. Tili tasbehotdayu dilidan boshqa oʻylar kechardi: «Hoʻ, biz kim boʻpmiz, qanday ulug‘ zotlar shu joynamoz ustida sharafli oʻlim topmishlar: Rasulullohning ulug‘ sahobalari — xulafoi roshidonlar — hazrati Foruq, harati Usmon, hazrati Ali!.. Oʻzingga shukr, oʻshal shahidlar jumlasiga qoʻshgan boʻlsang»... Kipriklari oʻz-oʻzidan namlanib kelib, oʻsha sharpa qoplondek tashlanishini... kutib qoldi.

Ammo qoplon... hansiragancha yopishib, ishini bitira qolmasdi...

Chindan ham eshik g‘iyt etib, yuziga yopildiyu taxta polda oʻsha qoplonningmi, nimaning ship-ship yurgan oyoq tovushlari uzoqib borib, tindi-qoʻydi. Shunaqa bir xunuk sokinlik choʻkdiki, buning oldida tungi jimlik avlo edi. Kuppa-kunduzi, peshin chog‘i, yana namoz payti dunyo nafas yutmay jim qolishi (!) g‘alati edi. Uy ichida tiq etgan tovush eshitilmas, bu-ku, ichkari, hatto tashqarida yutib yuborgudek bir jimlik hukmron edi. Xuddi ulkan zilzila yoxud qazoi qadar oldidan bor mavjudot tosh qotgandek edi! Uy orqasidagi qoʻsh terakda ertadan kechgacha chug‘urlab bozor qilib yotadigan chumchuqlar ham (xuddi ofatni sezib gurra koʻtarilganu g‘oyib boʻlgandek) qani bir og‘iz churq etib qoʻysalar. Jimjitlikki, quloq solib turib, vahimaga tushib ketmoq mumkin edi.

Eng yomoni, zuljaloli qodir Alloh uni bu besharaf asirlikdan qutqarib, shahidlik sharobini ichira qolmagan, bu dunyo mosuvoliklaridan bir yoʻla ozod etib, oxiratning ulug‘ martabasiga yetkaza qolmagan edi! Ravo koʻrmadi shekilli... Munosib sanamadimi yo?..

Tasbehot sanog‘ida ham adashib ketdi. Ilgari oʻttiz uch marta «Asta’firulloh allazi-mallazi»ni aytgandayoq xotirjam tortib qolar, soʻng hamdga berilar edi. Hozir istig‘forni uch oʻgirdi hamki, taskin topolmasdi.

Axiyri quloqlari ortidagi oʻsha tinimsiz chuvillash birdan tinib, oʻzi sergak tortdi! «U yapasqi yuz kim boʻlsa ekan? Qachon, qaerda koʻrib edi?» «E-ha, Jamoloxun-ku. Boshida oq qalpog‘i ham borday edi!.. U boʻlmay, kim boʻlsin! Unda... nega moʻraladi-yu, eshikni yuziga yopib qaytdi? Balki...»

Ana shu balki tasbehotni adadiga yetkazmayin ham yuziga fotiha tortib, turishga majbur etdi.

Qani, chiqib boqsin-chi, kutyaptimi yo qorasini ham koʻrsatmay gum boʻldimikan? Shipillab survorgan boʻlsa, niyati chindan buzug‘u, jindek kechikkan, agar kutyapgan boʻlsa, boʻlak gap: oʻzi shayton vasvasasiga uchgan boʻlib chiqqay.

Chiqsa, oʻrindiqqa omonatgina choʻkkancha, haq deb kutib oʻtiribdi. Koʻra dik etib turib, hojasining qarshisida qoʻl qovushtirib, bir hokisor qiyofaga kirdi. Kamiga namozning haqqi — qarz salomini unutmadi.
— Assalomu alaykum, hazrat...
— Vaalaykum... — deb alik oldi-yu, og‘ringanini yashira olmadi. — Ha, Jamoloxun, yanami?

U tushundi:
— Uzr, toʻram taqsirim, — deb ta’zim etgancha ikki qadam tisarildi, — endi qaytarilmagay. — Shu turishida qoʻli koʻksiga yopishib ketgan, tavozesi samimiy koʻrinsa-da, koʻzi g‘alati bejo edi: tik qaray olmasdi. Yuziga ham tushunuksiz allanimalar soya tashlab turgandek. Nima boʻlsa ekan? Koʻp dog‘uli odamlar shunday yumshoqsupurgi boʻlmasmidi?.. Balki uniyam tushunish kerakdir. Bir chekkasi xizmatchilik, bir chekkasi hazilakam odamga bog‘liq vazifalar. Yoʻqsa, oshpaz qiyofasidagi tingchidir, «koʻz»dir, «qulog‘»dir, balodir-badtardir, ishqilib, bir xufiyadir. Bekorga qoʻyilmaydi-ku. Oʻzi-chi, kimsan Tangritog‘dek bir mulkning moliki edi. Oddiy tutqun boʻlsaki, it ham, bit ham turtib-netib oʻtaversa.
— ... olib kira... vurayinmu?.. — dedi u allaqanday javdirab-izn kutib.

Ana shu javdirashi ittifoqo g‘alati koʻrinib (yo Xudoning qudrati!) koʻngliga bir ishtiboh oraladi:
— Opoy-chi, bu goʻshaning oqsochi? — dedi u tomon yarim oʻgirilib.

Jamoloxun oʻzi oqsariq odam... duv boʻzardi,soʻng bir nimadan hayiqqan kabi bir qarich tortib keta turib, sir boy bermaslikka urindi. Yapasqi yuziga uzrxohlik qalqdi:
— Kechirasiz, toʻram taqsirim, bir qoshiq qonimdan kechasiz. Sizdan beruxsat Opoyga javob berib qoʻyibman: koʻnglum boʻshligi qursin, ayol kishi koʻzyosh qilib tursa, yoʻq deya olmayman hech.

Yolg‘onni ham xoʻb toʻqidimi! Oʻz koʻnglida chippa-chin ishontirdim, deb oʻylar. Lekin nimaning choki koʻp — yolg‘onniki koʻp. Bir yeridan sitilsa, tamom, hammasi soʻkilib ketgay! Aqling koʻtoh, Jamoloxun. Oʻzingni ustomon sanaysan-u, sir berib qoʻyganingni sezmaysan.

Oʻziga indamadiyu toʻrt tomoniga koʻk duxoba koʻrpachalar tashlanib, oʻrtaga moʻ’jaz xontaxta qoʻyilgan, hamisha tuzog‘liq turguchi mehmonxonaga (nomi shunday: tutqunning oldiga qanday mehmon kelishi mumkin, axir!) qarab yuraverdi.

Buni ijozat deb tushungan Jamoloxun esa ta’zimda tolgan qaddini koʻtarmay ham tisarildiyu xizmatga shoshildi. Xuddi shu mahal boʻg‘ot ichidami, peshtoq tagidami — ishqilib, guldor faner orasida in qurib, vatan tutgan chumchuq bolalaridan qay biri chig‘-chig‘lab, potirlab berdiyu zum oʻtmasdan tinchidi-qoldi. Faner ichida bir nima sirpanib, toʻsin ortiga oʻtib ketdi-da, suv quygandek jimlik choʻkdi.

Bu uy, bu goʻshani vaqtincha vatan tutgan tutqun hali mehmonxonaga kirib ulgurmagan edi. Bir oyog‘i ichkaridayu oʻzi ostonada shiftga alanglarkan, ichi g‘ashlanib, oʻzi allatovur choʻchidi:
— «Sirpangan — nima boʻlsa ekan, ilonmi, nima balo?»

Ostonada bu alpoz turuviyu poloponning xunuk chig‘-chig‘lashini yomon fol olib, bir koʻngli qaytmoqni ham oʻyladi. Lekin islomda yomon fol olmoq nojoizligini eslab, ichida «Har yaxshilikni berguvchi ham, har yomonlikdan asraguvchi ham Oʻzingsan. Oʻzingni vakil qildim», deb duo oʻqib, ichkari kiraverdi. Koʻngli hiyla xotirjam tortib, koʻrpachaga choʻkkalab edi hamki, oyna ortida rang ola boshlagan sariq gilos shoxida ona chumchuq birdan chirqillay ketdi. U shoxdan-shoxga sakrab, tinim bilmay charx urib chirqirar, tumshug‘ida ola kelgan koʻkish qanotli bir narsani tashlamayin ham (axir poloponlarining rizqi, ular esa joyida yoʻq) oʻzini har yon urib, giryon qilardiki, naryog‘i yoʻq. Unga boshqa chumchuqlar ham qoʻshilib, bir pasda deraza tepasida qiyomat qoʻpdi.

Shu asno oq-oppoq boʻlib, bilagiga sochiq tashlab, qoʻlda patnis bilan, patnisda esa choynak-piyolayu taqsimcha va kosada ne’matlar ila ostonada Jamoloxun koʻrindi.

Deraza ortidagi qiyomatga xayoli qochgan mehmonning koʻz oʻngidan Tangritog‘dagi bir tutamgina eli, goʻshasi ketmasdi: Ular ham manavi chirqillab qolgan chumchuqlardan qaeri kam? Ular ham bir tong, hali quyosh choshgohga koʻtarilmay turib sorbonlaridan ayrilib qolmadilarmi? Qayon borarlarini, uni kimdan soʻrarlarini bilmay, dahanini koʻkka tiragan tog‘lar orasida yetim kiyikday boʻzlab qolmadilarmi? Farqi, bular poloponlarini oldirib oʻtiribdilar, ular esa sorbonlarini...

U ostonadan oʻtishga jur’at etolmayin qayta-qayta izn soʻraru bu koʻz oldi achchiq tutundan tamomi xira tortib-yoshlanib, bu yoshdan ja’mi narsalar chaplashib ketib, boʻg‘ziga issiq bir narsa qadalgancha qolgan, ostonadagi odamning esa lablari qimirlaru ovozi chiqmas, yo buning quloqlari chippa bitgan edi...

Alhol birov juda yaqindan:
— Ruxsat eting, hazrat... — deya oʻtingandek boʻl-di-yu, u azbaroyi choʻchib tushdi.

Ostonada oqsoch... nega oqsoch, oq-oppoq oʻrangan bir mahluq — ilon boʻlib ilon emas, odam boʻlib odam — naq oq ilon ikki bukilib, patnis koʻtargancha izn soʻrab turardi.

Etlari jimirlab, seskanib ketdi: bu qanday roʻyo yoxud koʻrinish? Yapasqi yuzi, qizil jiyaklari osilib tushgan shilpiq koʻzidan kimgadir — odam zotiga oʻxshaydi-yu, lekin alang-jalang bejo turuvidan (yo qudratingdan!) ora-chira tilini chiqarib-chiqarib qoʻyayotgan ilonning oʻzginasi edi. Faqat vishillashi yetmayapti, xolos. Ilon odam kalomida soʻzlar edi:
— Hazratim, izn bersangiz, tushligingizni opkelub edum...

Nima bu, insmi yo jin? Ilonlar ham jinlardur, degan hadis boʻlarmidi? Unda nega bir qiyofada emas, yarmi ilon, yarmi odam siyoqida?

Kimsasiz g‘orlarda adashib-uloqib yurishganida qilt etmagan yuragi uvushib, tik jar yoqalab ketgan yolg‘izoyoq soʻqmoqlarda qaltirmagan oyog‘idan jon qochib borardi.

Faqat Xudoga ming qatla shukrki, bu qoʻrqinchdan dili orqasiga tortib, tili muzlay boshlamagan edi. Kalima keltira olardi, keltirdi. Yolg‘iz najot undan edi. Oʻzidan soʻradi: Alloh oʻzing haqsan, qiyomating ham, qadaring ham, yozug‘ing ham haq, rizqimiz bitgan boʻlsa, bu tutqunlikda oʻlim topmoq peshonada boʻlsa, u ham haq, qiyomatda qayta tiriltirib olmog‘ing ham haq. «Iyyaka na’budu va iyyaka nasta’in, ixdinas sirotal mustaqiym...» Yolg‘iz Oʻzingga ibodat qilgayman, yolg‘iz Oʻzingdan madad kutgayman, hidoyatingni darig‘ tutma, toʻg‘ri yoʻlingdan ozdirma, besharaf oʻlim topdirma. Oʻzimni Oʻzingga topshirib, Oʻzingni vakil qildim, hasbiyallohi va ne’mal vakil...

Eti jimirlab kelib, oyog‘iga jon qaytdi. Ichiga sokinlik choʻkib, yoqimli bir xotirjamlik indi vujudiga. Koʻz oldidagi xira parda ham koʻtarilib, aqli tiniqlashib kela berdi:
— Kel, hamonki, opkelibsan, nega turibsan, kir,— dedi Jamoloxunga bamaylixotir.

Oxun aqli shoshib, ostonada qoqilishigayu qoʻlidagi ne’matlar patnis-matnisi bilan uchib ketuviga bir bahya qoldi.

Ammo soʻnggi daqiqada qoʻshqoʻlab tutib qolib, unga uzrxohlik bilan qaradi, yolg‘ondakam iltifot qildi:
— Nasibangiz butun ekan, men uchib ketdi devdim...

U oʻzini har og‘iz soʻzi, iltifoti, ta’zimu tavozesidan tutib bermoqda, oq uyning tutquni esa indamay, miyig‘ida jilmaygancha uning qalbida kechgan-kechayotgan titrog‘u g‘alayonlarni koʻrib-bilib turgandek edi. Jamoloxun patnisdagi ne’matlarni dasturxon ustiga qoʻyib, choʻkkalagan joyidan turayotib edi, u qoʻlini ohista koʻtardi:
— Shoshma, oʻtir, — dedi boshqa gapu bahonaga oʻrin qoldirmay.

Jamoloxun amrga boʻysunib, patnisni tizzasiga olgancha, qaytib joyiga choʻkdi:
— Buyursinlar, biron narsa qoʻshaymu? — dedi ich-ichidan g‘imirlab kelayotgan hadikni jilovlashga, hazratning koʻzini bog‘lab ketishga urinib.
— Yoʻq, haddan ziyod urinib yuboribsan, Jamol-oxun. Bir kishi tugul ikki kishiga ham yetarli-ku buning, — dedi u nimagadir shama etib.
— Rahmat, hazratim, Sizga manzur boʻlsa, bas, shu kifoya bizga, — deb shilpiq koʻzlarini yumdi u.

Ajab. Koʻzini yumsa, binoyi odam ekan-ku! Hamma illat — oʻsha qontalash koʻzlaridami ekan? Yoʻ-oʻq, illat ichda, deb turib, oʻziga «mulozamat» etdi:
— Qani, patnisni qoʻy, tuzukroq joylashib oʻtir. Birga-birga sening qoʻlingni ham koʻrayluk, — dedi atay. — Qani, bismilloh ila boshla-chi, avval qaysinisidan totinamiz?..
— Yoʻ-yoʻ-yoʻ... Nima deyapsiz? — U bizga mumkin emas, sizning oldingizda biz kim boʻpmiz, degan kabi sapchib tushgan, hatto choʻkkalagan joyidan surinib, gilamga tushib olgan edi.
— Qiziq, joʻja nima demoqdaki, bu alpozga tushmasang, Jamoloxun? — dedi ulug‘ tutqun.

—Joʻja? Yoʻg‘-e, taom ham gapirgaymi hech zamonda? — deb kalovlandi u.
— Boʻlmasa-chi, aytib turibdi-ku: yemang taqsir, zaharlanganbiz, deb.
— Asta’firulloh, sizga-ya, joʻja-ya? — u yana tisarilib, yoqa ushladi.

Ulug‘ tutqun qoʻlini duoga ochmoqqa chog‘landi:
— Nima qilay? Allohdan astoydil soʻraymi? Sen ham, barcha insu jinlar ham eshitadigan qilib aytsinmi?
— Yoʻq-yoʻq, hazratim, keragi yoʻq, — u toʻrt oyoqli mahluqday emaklab-surinib keldi, — oʻzim aytgayman, — shu barobar etaklarini oʻpishga, oʻpib-oʻtinishga urindi, — men nobakorni kechirgaysiz, itliq qilib qoʻydim.

U duoga ochgan kaftlarini asta yuziga tortib, shivirladi: «Oʻzingga shukr, sharmanda etmading. Sharafli oʻlim boʻlsa, boshqa gap edi. Mingta jonim sadqa edi senga».

Fasubhonalloh! Avvaliga tuyqus irkit narsaga duch kelgan kabi irganib turib edi, endi uning it kabi bilaklarida surinib kelib, poyini oʻpib yotuvidan ichi achishiblar ketdi. Yo qodir Alloh, bu ne koʻrgilik? Avvalboshda oʻzing azizu mukarram etib yaratgan zot — bandangga nechuk bu xil turfa taqdirlar bitmishsan? Kim bu? Qobil avlodimi yoxud bobokalonini oʻz gunohiga sherik qilish qismati bitilgan kimsami? Muncha koʻp ekan bu xalqning soʻqirlari? Oʻz dindoshiyu birodariga, elatdoshiyu qondoshiga tig‘ koʻtarmoqdan choʻchimagan, zahar solmog‘u qotil nomini olmoqdan hazar qilmagan g‘ofillari? Qachon odam boʻlamiz biz?

U namozga oʻtgan chog‘i egniga ilgan uzun sariq yoʻlli toʻnining bariga biron narsa tegishi yoxud muk tushib, oyoq ostini oʻpib yotgan kimarsa dabdurustdan tizzalariga yopishib qolishi mumkindek nari surildi. Kimsa esa boshini yarim koʻtarib, rangida rang qolmay toʻram taqsirga termularkan, shilpiq koʻzlari, vo ajab, xuddi hozirgina mil tortilgan kabi qip-qizil g‘iltillar edilar.
— Qoʻy, Jamoloxun, endi oʻtinchlaring befoyda! Seni Xudo urib qoʻyibdi, gunohingni bandasidan emas, Oʻzidan soʻra. Rahmat-marhamati keng zot rahm aylasa ham, qahr aylasa ham Oʻzi bilgay. Sendek adashgan, nobakor bandalari koʻp oʻtgan, Alloh suygan bandalarini Sizlarning qoʻlingiz bilan hamisha mahv etib, huzuriga tilatib olgan. Ularga-ku, jannati naimlarini tayyorlab qoʻyib, qotillarini qay jazoga mahkum et-gay — bu menga qorong‘i. Bu g‘ayb, Jamoloxun. Yolg‘iz Alloh bilguvchiroqdir, — dedi oq uyning yolg‘iz tutquni shu topda juda-juda xotirjam tortib va ayni payt-da sokin xayollarga botib. — Manim esa, niyatlariz amalga oshmaganidan ma’lumki, habibimga yoqadigan xush amallarim unchalik koʻp emas chog‘i. Yoxud bilib-bilmay qilgan gunohlarim bir talaydir-u, uni yuvib ulgurmagimga muhlat berildimikan? Balki. Shunga-da, shukr. Alloh uni yuvmakka, poklamakka imkon qoldirganiga-da, shukr. Qoldirmasa, nima qilardim? Endi sen tur. Oʻzing xarom etgan ne’matlarni oʻz qoʻling-la tuproqqami — bir yerga koʻm. Toki, qaytib birovning umriga zomin boʻlma. Oʻzingni esa bu dargohda qaytib koʻrmay. Qiyomat haq, Jamoloxun. Allohga roʻbaru boʻlishimiz bor. Bandasidan uyalmasang, Xudodan qoʻrq. Undan uyalgin bu xil ishlariga. Bor.— U turib peshayvonga qarab yuraverdiyu tahoratini yangilashi zarurligini anglab, toʻnini almashtirishga tutindi.

Tashqarida chumchuqlar chirqillay-chirqillay oʻz oʻkiniga tushib tinchigan, ichkarida ham Jamoloxunning na shovuri, na oyoq tovushi eshitilardi...
— Buva, buva, biz kelduk, ayam turadurgan joylargacha koʻrub chiqduk,— Yodgortoy hov naridan chopqillab kelgancha, tizzalari orasiga oʻzini otdi.— Opketayluk ularni ham, aytung, buva,— deb koʻksiga yopishdi.
— Opketamiz, bolam. Nega opketmas ekanmiz. Faqat biroz sog‘aysin, — U bolaning kuraklarini silab-erkalab, iroqi doʻppisini toʻg‘rilab qoʻydi.

Yodgor arazlagan kabi tosh qotdi-yu, qiz bolanikiday uzun-uzun kipriklarini pirpiratmay tikilib qoldi.
— Qaerdan bilduz, koʻrmadiz-ku, — dedi bolalarcha soddadillik-la.

Buva uning koʻngliga qarab jilmaydi:
— Koʻring, desang, koʻribam qoʻyaveraman. Lekin rangi-roʻyi aytib turibdi: biroz bor.

Bola chiroyli arazlab yuzini burib oldi:
— Binoyilar-ku.

Qariya uning mitti yelkalaridan quchib, bag‘riga tortdi:
— Sen sog‘ingansan-da, bolam, senga shunday koʻrinayotir.
— Sizga-chu? — dedi u arazidan tusholmay.
— Yana biron hafta bor, keyin bir umrga qaytalamaydi, ayang hamisha sen bilan. — Koʻr, hali ranglari tiniqlashib ketmagan. Dardi arisin, atirgulday ochilib ketgay, demoqchi boʻldi-yu, aytmadi.

Bu orada kuttirib qoʻyganigami, shunday ulug‘, qoʻli yengil tabibning oʻzi, oʻz oyog‘i bilan koʻrgani kelib oʻtirganidan xijolatga tushibmi, ildamlab kelayotgan juvon oʻsha nariroqdanoq uzrxohlikka lab juftlagan edi:
— Aybga qoʻshmagaysiz, uzoqib kettum. Siznu kuttirub?
— Bir-biringizga toʻyib olgan boʻlsangiz, men rozi!— dedi qariya Yodgortoyning yelkasiga qoqib. — Endi Asaltoyni ichiktirmay opkelib turamiz. Mana, koʻrib oldik-ku, yoʻlni. Shundaymi, toy?

Yodgor yalt etib oʻgirildi:
— Sog‘insam, oʻzizga aytavuramanmu? — dedi oʻsha-oʻsha bolalarcha soddalik bilan.
— Aytavurasan. Oʻzim optushaveraman.
— Hov, oʻshaqdan-a? Bog‘izdan-a?
— Nima boʻpti? Mashina chaqiramizu g‘uvva yetamiz.
— Ayamlar-chu, ularniyam oʻsha bog‘ga opketamizmu?
— Opketamiz. U yerdan hech kim topolmay yursin. Hatto Maqsud amaking ham, — dedi-yu, shu yerga kelganda tilini tishladi. Shuni aytmay qoʻyaqolsa boʻlarkan. Juvon «voy» dediyu, kaftini yuziga bosib qoldi.
— Hali qaynim... bilmaydilarmu?

Qariya bu uzun tarixni qanday tushuntirarini bilmay tutamga kelib-kelmaydigan, ammo ikki quloq yumshog‘iga qadar uzayib borgan, qorasidan oqi moʻl soqoliyu yuzini silab-siypadi. Shu asno ma’noli tomoq qirib:
— Qayningiz... Boturning tug‘ishqonimi yoki tutungani? — deb edi, juvonning oq yuziga duv-v qizillik yugurib, qizil gullar ichida qolgan yolg‘iz atirgul tusiga kirdi.
— Voy, tug‘ishgandan ham a’lo-ku, xolavachchalar-ku,— dedi uyalibgina.

Tabib oʻziga yarashgan va bir boshqacha nuru fayz bervorgan toʻnining barini qoqib, oʻrnidan turdi. Shunda ham toy bolani oʻzidan qochirmay uzun-uzun, tahoratda oqargan barmoqlarini uning yelkasiga qoʻyib turardi.
— Shunday deng, biz koʻz qorangizni undan ham nari tutib yuribmiz.
— Nari? Voy, nega? — juvon gapni oqimidan daf’atan shoshib qolgan edi.
— Tinchlik-tinchlik, hozircha tinchlik, — dedi uni yupatib, — lekin yaxshi odamlarning xabarlariga qaraganda ehtiyot lozim shekilli. Bu yoqda Boturning tirnog‘i borligidan xabar topishmish.

Juvon bu xabardan chayqalib ketdi. Boshi gir aylanib, koʻzi tindimi yoxud avval koʻzi tinib, soʻng boshi aylandimi, anglay olmadi. Yaxshiyam yonida tabib borakan, uning qoʻltig‘idan tutib qoldi.
— Sog‘-omonmikanlar ishqilub? — deya oldi titroqqa tushib. Ovozi qaltirab chiqqanini oʻzi ham sezib, battar xoʻrligi tutdi. — Siz biladurgon odamlardan eshittizmu? Qaerda jon saqlamushlar?

Qariya bir yonida juvon, bir yonida bolakayni ergashtirib darvoza tomon borarkan, ajablanib toʻxtadi:
— Siz hali eshitmaganmisiz, qizim?
— Yoʻq, mana necha yildirki, bir og‘iz xabar yoʻq u kishidan, — dediyu koʻzlaridan duvillab oqqan yoshlarni toʻxtatolmay qoldi.
— E, balli. Sabringizga balli, ona qizim. Oʻsha ketgancha... dom-daraksizmi? — dedi tabib azza-bazza toʻxtab va qanday yupatarini bilmay kiftlariga qoqib, kuraklarini siladi, — tag‘inam Alloh oʻz hifzu himoya-sida asrabdi, qizim, shukr eting. Qanchalar toʻzib, dunyoning har chekkalariga tariqday sochilib ketmadi. Sizlarni Tangrim asrabdi, oʻz mahfuzasiga olib. Bilmam, kimning baxtiga. Balki manavi toychoqning baxtigadir yo Boturning omadiga. Buning uchun har kecha, har sahar qancha-qancha hamd aytmoq lozim Allohga! Shukrona joiz. Shunda hamma mushkullaringizni oson etgay Oʻzi, insha Alloh.
— Aytganim boʻlsin, uzmaganim boʻlsin, — deb shivirladi juvon koʻzda yosh ila.

Shu barobar koʻklam havosidan yashnab yotgan har bir bitta barg, har bitta oʻlanni oʻpib-quchib toza yel esib oʻtdi. Terak barglari shovullab, kumush kapalaklarday qanot qoqib qoʻyaqoldilar-u, uchib ketmadilar. Balki u kumush kapalaklar ham emas, manavi jabrdiyda muslimaning chin yurakdan chiqqan tilagiga omin aytayotgan farishtalarga ham oʻxshab ketar edilar.

Egizxon Yoxud Favqulodda Mardona Bir Tashrif (muallifgagina ayon tarix davomiga)

Ular safarlari qarib, xoʻshlashib chiqishmoqda edi. Toy bola — Yodgormurod ayajonisidan ajralolmay hali u-hali bu tarafidan yopishib borib, bir nimalarni ijikilab-soʻroqlab yotar, bular esa, olovrangga mo-yil oynadek yaltiroq marmar ustilab, bir amallab, zinadan tushib kelishmoqda edi.
— Shoshmang, hazir boʻling, Hoziq buva. Qirrasiga oyoq qoʻya koʻrmang, — deb yugurgilab kelib, qoʻltig‘idan olgan jonsarak eshikbon juvon oʻsha boʻyi jovullar edi, — rasm boʻlmay ketsin, shu oxontoshlari, oyoq tagiga vovsi1 boʻlmaskan, shir etib qormi-nima yog‘vorsa deng, tayyor yaxmalak-a! Qish keldi deguncha mening jonim xalak: eski palosmi — bir nimalar tashlaganim-tashlagan.
— Alloh ajrini bersin, — dedi qariya uning koʻmagida pastga tushib olganidan bir yengil tortib. — Toʻg‘ri qilasiz...

Shu asno yonginalarida kimdir baralla:
— Assalomu alaykum, toʻra buva!— deya tiniq Farg‘ona shevasida salom berib, tavof etgali kela bosh-ladi.
— Vaalaykum... — deya taraddudlanib qoldi qariya. Qarshisida chaqmoqday kiyingan qilichday yigitlar turar edilar. Taniy olmadi daf’atan.

Lekin ular Hizrni uchratgan kabi bir holatga tushgan edilar. Biri hatto qoʻshqoʻllab koʻrishmak harakatiga-da tushgan, boshqasi iymanib turar edi. Faqat yuzlari-yu oʻzlari kishi adashtirib qoʻygudek bir oʻxshashki... Hasan-Husan deysiz. Valloh, kim boʻldi bu qilichday yigitlar?

Qariyani taraddudga solgan narsa ularning bir tomchi suvdek oʻxshashligidan ham burun sof farg‘onacha kiyinib olganlari edi. Hozir uchoqdan tushishganu roʻpara boʻlishayotgandek. Egnilaridagi yilt yangi qora las choponu beldagi belbog‘, boshdagi satta anjannusxa doʻppilaridan — tamomi hammasidan vodiy nafasi ufurib turardi!

Yigitning sazasi oʻlguncha qoʻchqorning shoxi qir-qilsin! Hoziq toʻram iqi suyib jilmaydi va izn bergan kabi qoʻlini choʻzdi:
— Kelingiz, qaerlardan soʻraymiz...

Tavof etishga ilhaq yigit yugurgilab kelib, qoʻlini oldi:
— Taniysiz, toʻra buva? Men Inomaliman.

Inomali-Inomali, vodiyga sochilgan qaysi xeshu aqrabosining tirnog‘i ekan? Va ular tanib, biz tanimay ketgan, vallohi a’lam?

Eslolmadi.
— Uzr, qarichilik.

Qoʻlini qoʻymay, kaft ustlariniyu bilaklarini silab-siypashga tushgan yigit tavozulandi:
— Biz hov Safedbiloldanbiz. «Qilichmozor» tomonlardan! Esladizmi? Sahobalarning qabrtoshlaridagi yozuvlarni oʻqigani borgandingiz.
— Darvoqe-darvoqe... Sizlar oʻsha tarafdanmi? Azizlar oʻtgan joylardan-a?
— Xuddi oʻsha Safedbiloldan.
— Ey, uni qarang-a, oʻsha tabarruk ziyoratgohdan-a? — U oʻsha koʻp qadim va tabarruk mozorotni, u yerda goh koʻtarilib, goh pastlab turguvchi sirli oqtoshni ziyorat etganlarini, Qur’on tilovatlar etib, yig‘lab duoi xayrlar qilganini eslab ketdi: voh, qani endi, u joylarni yana tavof etish nasib etsa!
— Vaqtning oʻtuvi, umrning ketuvini qarang-a, uch yil boʻldimikan, vallohi a’lam?! — dedi mutaassirlanib.
— Oʻsha safargi borganingizga-ya? Bultur emasmidi, Imomali? — dedi yigit qoʻshog‘iga oʻgirilib.
— Yoʻq, burnog‘i yilning yozi edi, — dedi iymanchoq qoʻshog‘i, shu davada kelib koʻrishib, — bilqillagan koʻcha tuprog‘ini satilda qorib, bitiklarga surtishayotgan edi-ku.
— Ha, barakalla, toshdagi yozuvlarni shunaqqib oʻqiganmiz. Rost-rost, — dedi qariya ham.
— Ha-ha, toshga loy surtgan sariz bitiklar boʻrtib chiqayotib edi...

Endi ular ikki kishilashib tavof etishar, misoli imom Hasan, imom Husan kabi boʻy yetgan yigitlar, uning oʻsha safarini eslab, bir yerga yetishar edi.
— Nachora, shusiz oʻqib boʻlmaydigan holga yetgan ekan, u yodgor bitiklar...

Hoziq toʻram boʻg‘izda qaynoq «tosh», koʻzda achchiq nam ila qabrtoshda tirilib-ajrab chiqayotgan loybitiklarni oʻqiyotgan kezlarini eslab, tili oʻz-oʻzidan duoga aylana boshlagan edi: «Alloh rahmatiga olsin, u roziyallohu anhumlarni, Islom tug‘ini shu yerga qadar olib kelib, «Qilichmozor»da qolganlarni», deya shivirlardi. Endi bu yog‘iga dovon oshib, boshqa diyorga oʻtmoqqa kelganda oraga nizo tushib, ikkiga ajralgan sahobalar tarixi-voqeasi ham yodga tusha qolgan edi. Lekin mana bu Hasan-Husandek yigitlarni qay vaqt uchratgan ekan?
— Siz eslang-a, qoq peshin edi. Bizning shaldiroq aravamiz, — dedi egizlarning kichigi, — naq roʻparangizga kelganda oʻqi shaqqa uzilib tushib, sudralib qolsa, boʻladimi?!
— Qaniy-qaniy... — dedi qariya elas-elas xotirlay boshlab.
— Keyin biz mashinalaringizni soʻrab bordik. Og‘rib qolgan eshontamizni kasalxonaga yetkazib olaylik deb.
— E, oʻshandami? Esladim-esladim. Doʻxtir qolib, uyga qaytarganimni aytasizlar-da? — dedi qariya yigitning yelkasiga qoqa-qoqa.
— Xuddi-xuddi. Biz eshontamizni tezroq olib bora qolsak, deymiz. Siz uyda xoʻroz topiladimi, ayni qichqiradigani kerak, deysiz. Toza g‘alati boʻlgan-da.
— Allohning yetkazishi-da! Bekorga aravaning oʻqi oʻsha yerga borib sinibdimi! — dedi kulib qariya.
— Keyin-chi, keyin? Topib kelgan xoʻrozimizni halloslatib quvlatganiz-chi! — dedi yigit.
— Boʻldi-boʻldi! Tanidim! Allohning uchrashtirgan joyini qaranglar-a! — dedi qariya behad mutaassirlanib, — Eshon tog‘a qalaylar? Nafi boʻldimi, axir?
— Boʻlganda-chi! Eshontam san koʻr, man koʻr boʻlib ketganlar. Oʻsha xoʻrozshoʻrva em boʻlib! Ayt, Imomali!

Elakishib qolgan Imomali ham bosh silkidi:
— Hali-hali duo qiladilar: Alloh menga naq Luqmoni Hakimni yetkazgan deb!
— Yo Xalloqul hakim! Hecham qaytalamadimi? Ozgina bezovta etsa keragiydi, — dedi Hoziq buva surishtirishga tushib.
— Rost aytdiz! — deb tasdiqladi Imomali. — Kelasi koʻklam qaytalab, bezovta etib edi... doʻxtirga ham uchramay oʻsha dorizzi tayyorlattilar.
— Qaysi dorum? Men doru bermab edim shekilli,— dedi Hoziq toʻra hayratga tusha boshlab.
— Yoʻq, xoʻroz shoʻrvani aytamiz-da. Xuqna qildirganizni aytamiz-da, — dedi yigit.
— Ha-a, umi, xoʻsh-xoʻsh?
— Oʻshanday xuqna qildirib tashlab edilar, taqqa toʻxtadi-qoʻydi og‘rig‘i. Oʻshandan beri otdeklar. Doʻxtirlar ham lol-hayron: koʻrichakni ham tig‘siz davolasa boʻlarkanmi deb?

Qariya hakimlardek miyig‘ida jilmaydi:
— Tig‘ chiqmasdan burun nima qilishibdi?! Shunday davolab kelishgan-da, bolalarim. — Soʻng qaytish taraddudiga tushib, qoʻshib qoʻydi. — Biz nima, avvalo Alloh shifosini bersin! Mendan duo degaysizlar Eshon buvaga.
— Boʻlmasam-chi, boʻlmasam-chi. Sizni koʻrganimizni aytsak boshlari koʻkka yetadi-ku.
— Oʻzlariz-chi? — dedi qariya mulozamat lozimligini eslab. — Qanday shamollar uchurib bu tomonlarga kepqopsiz? Hovliga olib ketay? Bir kecha qolib, borarsizlar?

Imom Hasan, imom Husandayin husni xulq egasi boʻlib yetishgan yigitlar qoʻllarini koʻksilariga bosdilar:
— Rahmat, toʻra buva, kelasi safar.
— Uchratganimdan xursandman, — dedi qariya.
— Biz ham. Albatta, Eshontamlarga yetkazamiz duoi salomingizni.
— Allohning panohiga, — deb qayta turib qariya toʻxtadi. — Darvoqe, bu yerda kimingiz?..
— Ustoz-domlamiz, shu kishini... — dedi Inomali jindek hijolatlanib. — Kelasi gal, albatta, oʻzlarini topib borgaymiz.
— Hisob-hisob. Faqat Eshon tog‘aniyam ola kelasizlar-da. Bizni hovlini Sevzor tomondan soʻraysizlar, kelishdikmi?
— Kelishdik.
— Xayr, Tangrim azza va jalla oʻzi qoʻllab, xotirjamlik ato etsin. Xush qolinglar.
— Xushvaqt boring.

Qariya xoʻshlashib, ulovi tomon yurarkan, yigitlarning oʻzimi, bir vaqtlargidek sof qishloqcha va ham chaqmoqday kiyinishlarimi — koʻziga yana olovdek koʻrinib, qayrilib qarab qoʻydi.

Chindan ham ular boʻysira yoshdan oʻtib, adl tortgan, ustiga ustak qoʻsh sarvdek egiz edilar, havaslanmasdan, yigitlik chog‘larni eslamasdan boʻlmasdi. Tasavvur etdi! Ayniqsa, qora las choponlarini bir urib, peshonalarini tang‘isalaru oʻzlarini egar ustiga olsalar bormi, kimlarga oʻxshab ketmas edilar!

Hov bir gal — xuddi shu tarz — kimlar kelmab edi, axir?!

* * *

U asrga hozirlik koʻrib yolg‘iz qavmi — bog‘bonni kutish barobarida vaqtni oʻtkazmay tasbehotga berilgan edi.

Axiyri boʻlmadi. Oftob hovli-bog‘ oʻrtasidagi sadaning yarim beliga qadar tushib, bir tog‘ora choʻg‘da-yin koʻz qamashtira boshlaganini koʻrib, ichida g‘ulg‘ula qoʻpdi. Qorini nima g‘aflat bosdi ekan, kechikmasdi-ku? Shayton esa, visirlab yozg‘irar edi: «U ham bir tingchi-da, komil musulmon qayda?»

Qariya oddiy bir bog‘bon haqida gumonga borganidan uyaldi. Uyalib oʻrnidan turdi-da, borib ochiq derazadan bog‘ oralab keladirgan yoʻlkaga qarab qoʻydi. Nazarida takbir tushirib, namozga oʻtishi ilayoq birov chaqirib keladigandek edi. Keyingi vaqtda koʻp narsalar xuddi shu tarz — belgi beraveradigan boʻlib qoldi. Nega, nimadan — hech tushunuksiz. Balki manavi oq uyga qamalib olib, uzlatga chekinishga majbur boʻlganidanmikan? Yana kim biladi.

U ixtimat ila joynamozni qayta yozib ulgurmab edi hamki, eshik xalqachasi shiqirlab, ostonada kutgan kishisi koʻrindi.
— Uzr, toʻram taqsir, bu yoqda niyat qilib, yugurgilab kelayotganlar bor. — U ostonadanoq ma’zurlandi,— nafs qursin, alahsimayman desang ham alaxsiysan.

Bog‘bon hovuchida anjir bargiga oʻrog‘liq bir ni-ma — nega bir nima boʻlsin! — satta oq oʻrik koʻtarib olgan edi. Jonivor jannatni mevasidek biram boʻlug‘ki, suqing kiradi.
— Shumidi alahsitgan?— dedi qariya jilmayib.— Oqarib ulguribdimi, qarang-a?!

Abdufattoh qori qoʻlidagini xontaxta ustiga qoʻyib chiqib, yoʻlakay tushuntira ketdi:
— Kelayotsam, bir sayroqqush oʻrik tepasiga qoʻnvolib, shu biyov-biyovlayapti, shu laqov-laqovlayapti! Toʻxtama-chi! Mahliyo boʻlib qopman. Rosa zingil solib qarasam deng... oq oʻrik gavhardayin tovlanib yotibdi! Jindek terib tusha qoldim. Omonliq-somonliqqa-da, toʻram taqsir.

Qariyaning xayoli qochdi: qarang-a, yoz kelib qopti-ku! Umrning oʻtuvini koʻring. Kechagida opkelishmaganmidi bu goʻshaga?!. Yaxshiyam yolg‘iz qavmi — shu bog‘bon bor. Boʻlmasa, bundoq yozilib gaplashadigan odam ham topmay nima qilardi? Shu bois tegishibroq zamzama qildi:
— Dumbuldur hali? Oqara tursin edi, oʻzingizdan boʻlakni koʻzi tushmagan ekan.
— Qayda! — dedi qori ximarilgan yenglarini tushirib, takbirga shaylanarkan. — Oq oʻrik oqaradiyu yotib uyqu keladimi?
— Kimni aytasiz?
— Kaminaning oʻzlari ham-da, — dedi qori uyatlu kulib, — koʻz qurg‘ur qachon toʻygan?! Toʻyganmi hech!

Uning oʻrikni terishga terib tushib, endi oʻzini «savalashi», nafsini oyoq ostiga olib piypalashi bir chiroyluv edi...

Toʻram «yolg‘iz qavmi»ni suyib ketdi! (Tingchimi deb gumon qilib oʻtiribdi! Qani, shunaqa tingchilardan yuztasi boʻlsa! Hammasi ila qiyomatli doʻst tutinardi!)
— Bekorga koʻzdan nariroq qoʻymadim deng?!
— Ha-da, oʻrtada shayton bor, har narsalarni chiroyluv koʻrsatadurgan. Namozni ham namoz qilmasin.
— Ayta qoling, boʻlmasa, farishtalarni ham mahtal qilmay, — deb u izn berdi ham, qori kamdan-kam kishilarga nasib etadurgan bir shirali ovozda takbir tushira ketdi ham.

Soʻng namozdan forig‘ boʻlishlari ila qori xayr-ma’zurga tushib, ketishga izn soʻradi. Oʻtadigan yeri bor ekan:
— Uzr, shomda yolg‘iz qolsangiz,— dedi allatovur xijolatga tushib.— Yetib kelolmaymanmi, deb qoʻrqaman.
— Xuftonni ham nasiya etmang, — deb kulindi u.
— Xudo asrasin. Qaerda boʻlmayin, yetib kelgayman. Birga oʻqigaymiz.
— Insha Alloh deng, — dedi u.
— Xudo xohlasa, — deb chiqdi bog‘bon.

Allohning erta rang olib, oqargan ne’mati yodidan ham koʻtarilgan ekan. Bir muddat zikr aytib oʻtirib, kitob koʻrgisi keldiyu, ichkari qarab yurdi va xos mehmonxona oldidan oʻtayotib, xontaxta ustidagi ajab oq-sariq gavharlarga koʻzi tushib, nima boʻlsa ekan, deb xayollandi. Gavharlarning har biri zarg‘aldoq qush tuxumidek boʻlug‘ ham jindek sariqqa moyil edi. Tagida shapaloqdek barg. Toʻram oʻsha bargdan tanidi: darvoqe, jannatdan tushgan daraxt — anjir bargi-ku. Qorim ilingan narsasini nimaga oʻrab kelibdi?!

Burilib kirishila avval anjir barginingmi, uning uchidan oppoq sutdek sizib chiqib qolgan shirasiningmi hidi gurkirab, dimog‘iga urildi.

Valloh, u Ka’ba iforlaridan qolishmas, kishiga allaqanday xush yoqib borar edi. Jannatdan tushgan deb atalmish bir daraxtning hatto yolg‘iz bir bargi (uzulganiga qancha boʻlganiga qaramayin!) asl vata- ni — jannat hidini ufurib-gurkirab yotar, u odam bolasiga tanish, nainki tanish, aziz tuyilib bormoqda edi. Shuning oʻzi Alloh yagona, Rasul barhaqligiga, kitoblari chin, jannati — tayin ekaniga nishona emasmi? Boʻlmasa, inson bu hidni qaerdan tanirdi, minglab boʻylar, iforlar orasidan ajratib, jannat hidi-ya, deya olardi?! Oʻsha judo boʻlgan asl vatanning boʻylarini tanishga-da qodir etganiga shukr.

U hozir oʻzi aziz bilib turgan boʻyni yaxshi farqlamoq uchun ham yozning toʻng‘ich ne’matlaridan bittasini qoʻliga olib, dimog‘iga yaqin keltirdi. Oq oʻrik oqara boshlagani bilan hali dumbul edi, asal islari gurkirab emas, bazoʻr kelar, allaqanday nimtatir edi. Balki ikki pallaga boʻlsa, gurkirab ketar, ichidan yetilib kelayotgandir? Omonlik-somonliqqa arzir?!

U oʻrikni ikkiga boʻlayotgan kezda peshayvon eshigi ochilib, oqsoch Opoy koʻrindi. U oʻrik boʻyini tuyib ulgurdi, xolos.
— Ishanta, Siza kelishkan ikan. Qoʻng‘iroq itisha,— dedi ostonadan oʻtmayoq.

U ajratib ulgurmagan oʻrik pallasini qaytib yopdi: nasib etmasa shu-da! Soʻroqqa olib ketishmasa goʻrga edi. Yoz ne’matini joyiga qoʻyib, boshini koʻtardi:
— Kim, deyishadir? — dedi atay irim qilib. Oʻzi esa, nima deyishadir deb soʻramoqchi edi.
— Yoʻ, ishanta, sahiblar imas, ziyaratqa kilishkan imish. Qopqadan soʻrasha.
— Koʻrgani? Qaerdan ekan? — degancha chiqib bora boshladi.
— Ata jurttan, diemishlar. Anjandanmu, qaerdan imush.

Ota yurt — Andijondan? Kimlar ekan? Yodiga hov bir yilgi uzoq mehmonlar — hajdan qaytishibdi, ekan, deb ziyoratga borgan amakivachchalari keldi. Oʻshalarmikan? Ular boʻlmasa, urug‘laridir.

Qariyaning yuragi oʻynab bormoqda edi. Valloh-valloh! Nahot oʻsha uzoq aymoqlari topib-surishtirib kelishayotgan boʻlsa? Yana ichiga g‘ulu oraladi: balki shunday oʻron bilan kimdir kirmoqchi boʻlar?

Izn bermay turib surishtirishi, soʻnggina ruxsat etishi ham mumkin edi-yu, yomon fol olgisi kelmadi: Nomini atab kelishibdimi, kiritish kerak! Kim boʻlishlaridan qat’i nazar.
— Ayting, qoʻyvora qolishsin.

Opoy simning u boshida turganlarga javob qilib, mehmonxonani tartibga sola boshlarkan, oq oʻrikka koʻngli bir sust ketdiyu, lekin damini chiqarmaygina taglig‘i ila taqsimchaga solib, yuqoriga olib qoʻya boshladi.

Buni koʻrib turgan qariya uning pokizaligidan iyib:
— Oling, bittasini, omonliq-somonliq, qolgani mehmonlarga ham yetadi, — dedi. Ichida esa, talbiya aytardi: Fasubhanalloh, oʻshalarga nasib etib turgan ekanmi?!
— Rahmat, Ishanta, — deb Opoy bittaginasini ola boshlab edi, yarim pallasi ajrab chiqdi.
— Butunini oling, butunini, — dedi qariya, oʻsha qoʻl urgani oʻziga nasib etishidan umidvor boʻlib.

Opoy uni tushunmadi:
— Qaytaga tavarik ikan. Rozu boʻling, ixlos ettum,— deya qolgan pallasini-da olib, ne niyatda xushlanib iskadi.

Tavba, ana shundan keyin ham rizq berguvchi Alloh ekaniga, birovning nasibasiga birov ega chiqolmasligiga ishonmaymizmi? Kim oʻylabdi, Abdufattoh qori omonliq-somonliqqa terib tushgan shu bir hovuchgina ne’mat qandin-qayoqdan keladiganlarga atalgan deb! Nasiba tortib kelayotirlar, qarab turing, desa kim ishonardi? Va chindan ham ular kimlar ekan?

Toʻram peshayvonda edi. Terakzor tagi bilan kelayotgan satta bir xil kiyingan, qora chopon, choʻng doʻppili kishilarni koʻrib, g‘alati boʻlib ketdi. Chindan qishloq tomonning odamlari-ku! Unday desa... choponlari yilt yangi. Yo shahar boryapmiz deb, satta oxorliklarini kiyib chiqishganmi? Kuyov oshiga kelayotgan joʻralar misoli yana bozorliklarini ham koʻtarib olishibdi! Ichida bittalari oʻrta yoshlik demasa, qolganla- ri — qilichdek yigitlar edi. Anjan tomonlarda bu toifa qanday xeshlari boʻlsa ekan?

Qirqqa borib esi kirgan anuv amakivachchasimikan? Bir kun tushida eshon buva «Kitob qaerda bilasanmi, oʻshani ol-da, oʻqi, yurma bunday», deganmishlar. Na xat, na kitob taniydigan odam ertasidan oʻqib ketganmish Qur’onni. Oʻshamikan? Amakilari rahmatli tagi anjanlik ekanliklarini aytib oʻtirishar-u, xeshu aqrabolaridan og‘iz ochishmasdi. Oʻshalardan qay birlari koʻngil soʻrab kelishmoqda ekan? Yoxud Tangritog‘ tomonlarga oʻtib ketib, jangu jadallarda bedarak yoʻqolgan xeshlarini soʻroqlab yurganlar daragini eshitib, kelishayotirmi? Qora choponlik beozor kishilar qiyofasida? Koshki tingchilar jim tursa?

Ularning satta bir xil kiyinib, qishloqi odamlar qiyofasida tashrif buyurishlari g‘alati edi: «el-burutdan koʻngliga buncha g‘ashlik oralamasa? Jon egamning qoʻlida-ku, axir. Olar boʻlsa, oxunning qoʻli bilan ham, anuv olib qochgan uchoqqa yetmasidan burun ham olib qoʻya qolar edi-ku. Kuni bitib, qazosi yetgan boʻlsa, oʻsha alam-achchiq ustida Olampanohga xat bitgan kunning kechasidayoq olib chiqib, Boʻrijarning qay bir yoqasida otib tashlashmasmidi! Otmadilarmi — endi nimadan qoʻrqadi! Uning koʻz oʻngidan oʻsha oq ilon — Jamoloxunni haydab chiqargan kezdagi holatiyu, alam-achchiq ustida xos xonasiga kirib borib, qog‘oz-qalam olganicha turib qolgani ketmasdi.

Asta’firullohil azimu va atuvbi ilayhi!

Alloh uni qaysi iqlimning tuprog‘idan yaratibdi ekanki, haqsizlikni koʻrgan zahoti qay holga tushmasa! Bamisli u bir qavat et tashlab, taqdirning hukmiga koʻngan asirdan tamomila boshqa odamga — mujohidga aylanib ulgurgan edi. Vujudini ayting! Har bitta tuki bamisli bir qilich boʻlib, tikka boʻlgan edilar!

Uni kim deb oʻylagan ekanlar?!

Tilsiz, zabonsiz bir qurchoq, moʻmin-mute bir rikob, bir xufiya debmi? Xizmatini oʻtab boʻlgach, imi-jimida gumdon etib yuborsa boʻlvergich? Esiz, qurilgan saltanatlar sharafi, toʻkilgan u qonlar javobini kim bergay? Qolaversa, lafz qaerda qolyapti, subut qaerda qolyapti?! Ahd-chi, unga sadoqat-chi?!

Yoʻq. Uning koʻziga joni koʻringani yoʻq. Albatta, jon shirin. Lekin oʻsha daqiqada koʻziga tamomila bosh-qa narsa koʻrindi: shuncha ishni qilib, davlat qurib, adolat oʻrnatib... oxir-oqibat uy qamog‘ida besharaf bir oʻlim topmog‘i... koʻrinib ketdiyu ichidan adolatli bir shuur bosh koʻtardi: kim oʻzi odil?! Lafzida turib, Tangritog‘ hukumatini qurgan, u jabrdiyda diyorga ozodlik nasimini olib kirgan umi yo vazifasi bitdi deb, bir kechada oʻg‘irlab kelib, uy qamog‘iga tiqqanlarmi? Kim? Odili Zamon hisoblanmish Olampanohning oʻzi-chi? Bexabarmi bu ishlardan? Uning iznisiz tong otgaymi oʻzi bu diyorda?

Oʻsha holatda, qizig‘ida uning nomiga tik turib, bir xat bitdi: «E, voh, jahon ayvonida adolat shevasida gaplashguchi zot qolmabdimi ekan?!

Menim bilganim — adolatpanoh Amir Temur Koʻragoniydan soʻng, Shomildan soʻng yolg‘iz oʻzingizmi, deguvchi edim! Boshqasini tan olmasdim! Ixtimat ham qoʻymagandim!

Endi bilsam, bu topshiriqlar qaydan kelmoqdayu kimning izni bilan ado etilmoqda ekan, agar oʻshal Adolat borgohidagilar tamomi bexabar boʻlsalar?! Ularning nomidan ish koʻrguvchilar, ish yuritguvchilar xohlagan paytlari butun boshli xalqlar, ellar, elatlarni ishongan tog‘larini yiqmoqlari, sorbonlarini terib olmoqlari, oʻzlarini yetim qoldirmoqlari mumkin ekan-da?! Unda Siz — Odili Zamonning burdi qaerda qoldi? Adolati qaerga yetdi? Ertaga tarix oldida nima deb javob bergaysiz va kim boʻlib qolgaysiz?..»

Nima deb yozsa yozdi, faqat shafqat tilamadi. «Allohning yozug‘idan boʻlagi — boʻlmagay!» deb tugatdi. Faqat xat qoʻldan ketib, allaqachon telegraf bilanmi, liter bilanmi, qaysi yoʻl bilan boʻlsin — Olampanohga yetib boʻlganida unga bor haqiqatni qoʻshmagani xotirga tushdi. «Uzr, kaminadan noqislik oʻtibdi. Qodiri Egam yolg‘iz bir zotgagina adolat mezonida mahkam turmog‘u, lafz qilsa, lafzi ustidan chiqmoq fazlini bergan, adolat shevasida gaplashmoqni nasib etgan ekan! U ham boʻlsa, bizning shafoatchi payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamdurlar», deb qoʻshgisi keldi. Ammo kech edi. Kemtik, noqis xatga hech narsa qoʻshib ham, uni qaytarib ham boʻlmasdi. Lekin xat oʻsha holida ham nishonga bexato tekkan edi.

Olampanohdan imdod boʻldimi, boshqasidanmi, ertasidan munosabat tamomi oʻzgardi: avvalo, necha qavat soqchilar (tashqi darvozadagisidan tortib, oq uy atrofidan jilmaydiganigacha) bir kechada yoʻqoldi. Gʻalati boʻlarkan: oq uy allaqanday salobatini yoʻqotganday, huvillab qolganday edi. Tunlari tahoratga ham bexavotir chiqayotib edi, endi qanday boʻlarkan? Qolaversa, shuncha mashmashaning sababchisi (oʻsha pand bermasa, bu xat qayda edi!) anuv shilpiqkoʻz — naq oq ilonning oʻzi — Jamoloxun ham koʻrinmay qoldi. Surishtirsa, (qarang-a, Opoy ham bilmas ekan, borib aniqlab keldi) — boʻshab ketganmish. Oʻrniga shu mahallalik oʻrta yashar juvon bir chiroyli ovqatlar pishirayotganmish.

Yo qudratingdan, qozon-tovoqni shu yerning odamiga ishonsa ham boʻlarkan-ku. Hammasidan g‘alatisi-indiniga «quda tomon»dan (naq Maskovdagi idorasidan!) odam uchib keldi. Oʻziyam sibirlik ekan, boʻy degan shiftga yetadi. Eshikdan engashib kirdi. Orqasidan yoʻl koʻrsatib kelgan kishi uning oldida ushoq boladek edi.

Uning tahorat olib kelayotganini koʻrib, oʻsha haqiqiy Ivan bu yoqdagi (uning oldida ushoqdek) qozoqisini toʻxtatib:
— Qoʻyatur, oʻqiydiganini oʻqib olsin,— deganini eshitib qoldi,— Senlar bilmaysan,— derdi davom etib u,— bular zoʻr xalq — mulla xalq. Qanchasi Sibirning lagerlarida oʻtib ketdi. Namozini tashlamay. Haliyam oʻqiyaptimi — zoʻrligi shu, — derdi.

Ol-a! U ham zoʻr ekan, toshiga yarasha ekan, sibirlik ayiqning bolasi. Oʻsha sibirlik (harqalay ajdodi yaqin — Enasoyning suvini ichib oʻsgan!) halol ekan! Boshlab kelgan qozoq-oʻrisga haloli gapni aytib ketdi:
— Bu kishi bugundan e’tiboran shu mamlakatning fuqarosi. Bir fuqaro sifatida hamma huquqlaridan foydalanishga haqli. Faqat joy ajratilgunga qadar shu yerda yashab turadi, — dedi.

Oʻziga esa:
— Tabib ekansiz, bemalol tabibchiligingizni qilishingiz mumkin. Sizni koʻrgani keluvchilar hech istisnosiz huzuringizga qoʻyiladi. Faqat mamlakatchilik — odam yig‘maysiz, hukumatga qarshi chiqmaysiz. Bir fuqaro sifatida uy-joy qilib yashashingiz ta’minlanadi. Xohlang buni Maskovning in’omi deb tushuning, xohlang, Xudoning marhamati. Tangrito- g‘ingizdan ayirganimiz uchun bizni ma’zur tutgaysiz. Sizni qaytib bezovta etmagaylar. Omon boʻling, — dedi.

U omonlik berib ketganiga necha kun boʻla qopti? Ana, qaerdan eshitishgan — turnaqator boʻlib, koʻrgani kelishyapti. Yana qaerdan — ota yurti — Andijondanmish.

Ular gulzor yoqalab emas, qoq oʻrtadan kesib tushgan beton yoʻlka ila allaqanday begonasirab va ham xushyor tortininqirab kelishmoqda edi.

Balki chindan bobokalonlari yurtidan kelishmoqdadir. Oʻsha tog‘lar kanorasi orasidagi sahobalar qadami yetgan vodiy-diyordan. Boburshohdek bir odam umr boʻyi «ne xatoliq oʻttikim» deb qoʻmsab oʻtgan ma’vo — «anda jonim qoldi»dan. Daragini eshitib, oqibat koʻrsatib, duoi salomlar keltirishmoqdami?

Tangritog‘dan oʻg‘irlab ketishgani ovozasi oʻshoqlarga-da yetibdimi, tavba? Ovozasi-ku, yetar, lekin bu yerda shohona uy qamog‘ida oʻtirgani qaydan ma’lum boʻla qolibdi? Kishini oʻng‘aysiz holga soladigani ana shu edi. Ammo daragini eshitiboq, surishtirib kelishayotgani koʻp ulug‘ ish. Alhamdulillohki, bu yurtda oqibat, hamiyat degan narsalar yoʻqolib bitmagan ekan. Shunisiga-da, shukr, hali ham oʻzinikilar oʻzligini yoʻqotmagan ekan.

Toʻram taqsir shu taskin-tasallilar bilan ichkari yuraverdi: Imomlikka oʻtganida egniga ilganini odmirog‘iga almashtirib koʻringani ham ma’qul. Tag‘in Toʻram hukumatdan ayrilgach, bu dunyodan etak silkib, toza taqvodor boʻlib optilar, deb yurishmasin...

U shunday xayollarga borishga bordi-yu, oʻz istiholasidan oʻzi uyaldi.

Toʻg‘rirog‘i, Allohdan uyaldi: Egam oʻzi koʻrib turibdi-ku, butun holu holatini. Taqvodan boʻlak toʻg‘ri yoʻl qolmaganini anglab, barchasiga etak silkiganini. Yana nimani yashiradi? Allohdan yashirmaganini nega bandasidan yashirmoq kerak? Oʻzi din fahmini beribdi, imonimizni ham oʻzi basalomat etsin.

Imomlik libosini (axir Abdufattoh qori bilan asr oʻqishganda kiyaqoluvdi, hamisha kiyib yuribdimi!) almashtirish fikridan qaytganda yoʻlakdagi boʻy baravar koʻzguda sallayu toʻn oʻziga chindan ham boʻlakcha nuroniylik — oʻzi xayolga-da keltirmagan bir nuri safo baxsh etib yuborganini koʻrib, mehmonlarga bunday koʻrinishdan rosti, qisindi. Siporoq koʻrinavergani ma’qul. Lekin engil almashtirar ekan ham boyagi suvrati, toʻkilib turgan nur koʻz oʻngidan ketmasdi. U nima boʻlsa ekan? Yo ajab, oʻzi ham sal choʻkib, ulg‘a-yibdimi? (Koʻziga oʻsha munkillagan hazrat suvrati koʻrinib ketdi!) Yo Qodir Alloh! Bu nesi? Nima bu? Barcha Astrobod boʻlganlarga xos yozuqmi? Yolg‘iz aso yetmayotir, xolos. Asta’firulloh! Hazrat qaydayu biz qayda! Suvrat oʻxshagani bilan (hov!) siyratga yoʻl boʻlsin! U zotning oldida biz kimbiz?! Gunohlarimiz tog‘cha, xatolarimiz soch tolasidan koʻp. Kechirsa, yolg‘iz Alloh kechirgay, xolos. Ichida beixtiyor iltijo aytdi: Murod doram — umidim bor, oʻziga oson, oʻzi kechirsin!

Balki taqvo deganlari shudir! (Axir, oʻzim din nurini beraman degani-ku). Bu fikrdan ichida bir qoʻrquvmi — nima uyg‘onib, vujudi jimirlab keldi: tog‘ qadar yozuqlari turib, Allohim gunohlaridan oʻtibdimi — karami shunchalar keng ekanmi uning?! Mag‘firat etgani rost boʻlsin, ilohim, biz ojizu notavonlarni, adashib uloqqanlarni.

Toʻram odmiroq deb movut chakmoniyu chorburchak takya kulohini egniga ilgan boʻlsa-da, qaytayotib koʻzguda oddiy tabibni emas, negadir hazrat mir Alisherga yaqin kishi suvratini yana koʻrib, hayallandi: yillar shunchalik, oladiganini olib qoʻygan ekanmi? Koʻngil qa’ridan nimalar oʻtmasdi: vaqt oʻz bilganidan qolmasakan-da. Vo darig‘, inson hech bir oʻylaganiga yetmasdan moʻysafidlar qatoriga oʻtib tursa. Yana kamiga mana bunday uy qamoqlariga tushib oʻtirsa. Unda oʻsha dovondayoq koʻringan mahluq tilka-pora etib qoʻya qolmagani, yoʻl berganining hikmati ne edi?.. Hay, darig‘, ne niyatlar niyatligicha qoldimi?

U peshayvonga qaytib chiqqanida kelayotgan xeshlari (tanimagach shunday deydi-da!) ichkariga kirishga kirib, dalaga kiyadurgan sariq koʻn etiklarini yechishni ham, yechmasni ham bilmay, alag‘da turar edilar.
— Assalomu alaykum, mozor bosib kelgan azizlarim. Xush kelibsiz!

Toʻramning taqvodor qariyalarga xos ilk salomi mehmonlarni badtar gangitgan, buning ustiga ular shunchalik tez va osonlik ila bu zotning qabuliga musharraf boʻlishlarini oʻylamaganlaridan (roʻbaroʻlarida — kim-kim — toʻram taqsirning oʻzlari, oʻsha Tangritog‘da saltanat qurgan davlatmand odam (!) turardilar, axir!) shundan hayratga tushgancha tushib, tillari alikka kelmay qolgan edi.
— Assalom... — deyishdi ular ham chala yarim, oʻzlariga kela boshlab.
— Ie-ie, kiravermaysizlarmi, jigargoʻshalarim? Oyoqlaringiz gardi qaysi diyorniki ekanki, tortinasiz! Tog‘lar nafasini olib kelgan qadamlaringizga hasanot. Oʻsha g‘ubori — koʻzlarimizga tutiyo boʻlsin. Qani-qani, keling-chi, bir boshdan koʻrishib qoʻyaylik-chi, voh, — deb quchoq ochdiyu, yaqinginasida turgan kulcha yuz, patak soqolli kishi dovdir-sovdir qadam tashlab, ilgaritdan tanishdek, yelkasini egibroq kela qoldi. Soʻnggi daqiqada toʻram uning (qoshlarimi, qovoqlarimi) allaqaeri kimgadir juda-juda oʻxshab ketishini ilg‘adi-yu, lekin kimga — eslay olmadi. Negadir uning ham qaboqlari boya koʻzguda koʻringan hazratnikiga oʻxshabroq ketardi, tavba.

Uni bag‘riga oldiyu, toʻniga solingan yangi paxta islari xush yoqib, yuzlarini suykay-suykay qayta-qayta iskalandi:
— Oh-oh, ota yurt hidlarini ola kelgan siz azizlardan oʻrgilay. Biz jigar boʻlib borolmagach, oʻzingiz kepsiz, qadamlaringizga hasanot.

Bodomqovoq mehmon patak soqollarini soqoliyu yuziga ishqab, quloqlari tagidan iskalanarkan, issiq nafasi quloq yumshoqlariga urilib-urilib:
— Tanimadingiz-a, taqsir? — deb sirlidan sirli shivirladi.

Chindan ham bu qora soqoli bodom qovoqlariga unchalik ham oʻtirishmagan mehmon... kim boʻldi? Kishi koʻziga boʻlmasin tag‘in... bu soqol, bu engil-boshlar?

Yuragi shig‘ etdi: unda kim boʻluvi mumkin bu kelganlar?..

Shu asno u quchog‘idan boʻshalib-boʻshalmay keyingi mehmon xoʻshlashmoqqa yuzlandi.

Bunisi tepa labining ustiga qaldirg‘och qanotidek nozik moʻylov qoʻygan yigit edi. Ipga terilgandek bu moʻylov unga shunday yarashib tushib, yuzini ochvoribdiki... oʻsha yuzidami, anavi oʻtli qora koʻzlaridami, kishini shoshtirib qoʻyadigan bir shaxd-olov bor! Balki hammasi qoʻshilib, unga shunday alohida bir shijoat baxsh etayotgandir. Ishqilib, bularning boshlovchisi shu — oʻnta boʻlsa, oʻrni boʻlak, qirqta yigitning ichida bek sanalgudek mana shu azamatga oʻxshar edi.

Faqat oʻsha nozik murtiyu — chetlari allaqanday yiltirayotgan peshonasini tang‘igan qarg‘ashoyi qiyig‘ini demasa, kimgadir oʻxshabam ketayotir. Kimga ekan— toʻram hech eslay olmasdi. Ammo toʻnini bar urib, oʻzini egarga olsami, naq uloqchi!..

Hozir ana shu «uloqchi» bir g‘alati entikkan koʻyi uning koʻksiga singib ketgudek boʻlib, quloq taglari, moʻyin boʻylarini iskalanib toʻymas edi. Va shu koʻyi mutaassir bir holda sivirlar edi:
— Bormisiz, Xondoda?! Biz ishongan tog‘lardan kiyiklar chiqmayin qoʻydi desak... Siz bu yoqlarda ekansiz-ku, davlatpanoh?

Evoh! Tanish sas, tanish ovozlar-ku! Soʻnggi qabulida boʻlgan oʻktam yigit — shu emasmi? Ovozi bunchalar tanish?..

Soʻnggi farmonga imzo chekishdan avval kimlar bilan uchrashib, maslahatni bir joyga qoʻymab edi?! Oʻshalar-ku. Oʻsha viloyat vakillaridan biri-ku. (Farmonni soʻzma-soʻz esladi): «Lashkar, farmonimizga shay turing. Hali najot kutib yotgan necha viloyat bor. U mazlumlar ozod etilmaguncha Tangritog‘ ozod emas! Shunday kun yaqin, kuting!»

Afsus, inshaalloh deyilmagan ekan. Xudoning xohlagani bundoq chiqdi!

Qariyaning ichi antar-toʻntar boʻlib kelib, oʻzini g‘alati behol sezdi-yu, «Botur, Sizmi?» deyishga majoli yetmadi.
— Keyin inim, keyin... — dediyu Boturning quchog‘idan boʻshalishga unnaldi.

Qolaversa, bu yer oʻzni tanitmog‘u bag‘irni bag‘irga berib, oʻtgan ishlarga koʻzyosh toʻkadirgan joy ham emasdi, mavridi ham. Bu yerda devorning ham qulog‘i bor. Ovoz yutgich, gap uzatgichlari, xos tingchilari qancha ekan! Hech kim mehmon oʻz oyog‘i bilan kelibdi demaydi. Hamonki jahd etib, mozor bosib kelishibdimi, ichkari kiravermoq kerak. Har qancha gaplari, mehrlari boʻlsa, oʻsha yer tuzuk. Nokasu nojinslardan panaroq, koʻzdan nariroq.

Qista-qistov, mulozamatlar bilan ichkari kirdilar. Oʻtirdilar. Mozor bosib kelgan mehmonlarning qadamlari sharafiga duoi fotiha boʻlib, yengil soʻrashib oldilar. Toʻram boshlamasiga (Opoy choy opkirguncha) taqsimchadagi boyagi «omonliq-somonliq»ni oʻrtaga qoʻydilar:
— Qani, mehmonlar, yozning oldi ne’matiga qarangiz. Alloh nasibangizni qoʻshgan ekan. Har kimga ham nasib etsin-chi. Qani, mana, men boshladim.

Bitta-bitta oldilaru kim hidlagancha, kim kaftiga qoʻygancha Ollohning moʻ’jizasidan xushhollanib qoldilar.
— Voh, Toshkentning oq oʻrigi-ku, — dedi boyagi bek yigit sarxush tortib, — mashhuri jahon, — dedi u negadir va qoʻshib qoʻydi, — Biz uning danagini oshpichoq derdik. Faqat bandi yetishmasdi.
— Kecha eslab edingiz-a, sarhaddan oʻtayotib. Bugun yetishib turibsiz, xoʻjam, — dedi qora soqolli hayratlanib. — Alloh degan yigitsiz-da.
— Nasiba chaqirsa shu: kelar Shomu Iroqdan deganlar. Olingiz, omonliq-somonliq, — dedi Toʻram va oʻzi yarim pallasini bismilloh ila og‘ziga solarkan, chindan bol ta’mini totganday boʻldi.
— Bizda hali g‘oʻra-ku, jonivor bu yerda hol tortganini qarang, — dedi uchinchi mehmon. — Bu tomonlarga oftob avvalroq chiqqaymi, tavba?
— Keyinroq chiqsa-da, toʻsguvchi muztog‘lari yoʻq, — dedi boshqa shunqor yigit ma’noli qilib.
— Ha-ha, hammasi ham avval bu diyorda yetilib, soʻng u yoqda hol tortadi, — dedi Toʻram ham. Xuddi inqilob kabi demoqchi boʻldi u.

Bek yigit uni tushunib, gapini mengzab ketdi:
— Qizil ajdaru oq ajdarlari qoʻyib bersa agar... Tangritog‘ning holi shu ekan-ku.

Gapning bir uchi oʻziga qaytib, tekkan edi, Toʻram bir soʻlish oldi-yu, sezdirmadi.

Mavridi keladi, hali hammasini tushunib yetgaylar. Barchasi oʻz fe’limizdan. Fe’limizga qarab Xudoning yozmishi bu, demoqchi boʻldi-yu, aytmay ichiga yutdi. Hammaga ham tushuntirib boʻlarmidi: aybdor kimu Xudo nimani xohlab turibdi?!

Shu orada oqsoch dasturxonga bozorliqlarni opkirib, choy keltirdi. U kishi koʻziga mehmonlarni qistadi:
— Qani, olingiz, mozor bosib kelgan narsalardan. Bu yog‘i bizniki boʻldi. Manavi, Anjanni lochirasimi, jizza solib yopilgan? — dedi atay.

Qora soqolli uni tushunib, (bu gap Opoy uchun ekanini bilib):
— Shundoq-shundoq, xonadonda yopilgan, taqsir, — deb javob qildi.

Toʻram gapni uladi:
— Oʻzlaridan soʻrasak, u diyorning qaeridan boʻlgaysizlar? Va qaysi uzilishib ketgan xeshlarimizdan...

Kelgan mehmonlar undan-da sezgir edilar, kishi bilmas koʻz urishtirib qoʻyib, javob qildilar:
— Xeshlik joyimiz shoʻttaki, — dedi oʻsha qora soqoli bodomqovoq yuziga unchalik oʻtirishib tushmagan, ammo muloyim tovushlik mehmon, — biz nihoyati sizning ixlosmandlaringiz.

Boʻsh patnisni koʻtarib, Opoy chiqa boshladi.

Hozirgina ota yurtdan, xeshlarimiz deb turgan kishilarning bu javobi g‘alati edi. Oqsoch har xil xayol-larga bormasin, deb Toʻram siporishladi:
— Ha-ya, tabibchiligimiz vajidanmi?
— Shunday-shunday,— deb shunqor yigit uni quvvatladi,— u yoqlarda Sizning dovrug‘ingiz boʻlakcha, taqsir. Ammo yetishmoq, koʻrib turibsiz, dushvordan dushvor.

Bu vaqtda Opoy uzoqib, hatto shippagi tovushla-ri-da eshitilmay qolgan edi. Shunda poygakda oʻtir-gan toʻrtinchi mehmon bek yigitga ma’noli qaradi. U esa:
— Mayli, yopa qol, — deb qoʻshib qoʻydi, — shu ukamiz yelvizak bilan chiqishib ketolmadi-ketolmadi-da, tabib buva. Davosi muzni teshib, bir choʻmilmoq desam, hech ishonmaydi. Ayting Siz...

Bu gaplar yoʻliga ekanini hammalari fahmlab turishgani uchun Toʻram kulib qoʻyaqoldi:
— Muztog‘da uch oy — qish qolib ketsa, umrbod aksa urmaydi.

Ular bir-birlariga yalt etib qarab olishdi:
— Siz... oʻsha tog‘da qolib ketganiz — chindanam rostmi? — deb yubordi poygakdagi ushoq yigit hayratini ichiga sig‘dirolmay.
— Yoʻq, u dovonda bir kecha tunab qolganmiz, xolos. Lekin hech kimni — qishi bilan qolib ketgulik qilmasin,— dedi Toʻram, soʻng tushuntirdi,— kamina u diyor-ga oʻsha sharafli, mashhuri jahon dovon bilan oʻt-dim-u, qaytishim oʻzim ham kutmaganda bunday... chiqdi.

U dasturxon popugini himargancha oʻsha qaytish qanchalik alamli kechganini eslarkan (undan oʻsha Muztog‘da umrbod adashib-uloqib qolib ketgani afzal edi! Ammo buni endi kimga ayta olasan?!) roʻbaroʻsida oʻtirgan boyagi bek yigit choʻkkalab olayotib, boshidan qiyig‘inimi, nimasini yechib oldi. Tarang sirilgan bir nima chitirlab-da ketdi. Toʻram boshini koʻtarib, qarshisida tamomila oʻzga yigitlarni koʻrdi.

Bek yigitning qarg‘ashoyi qiyig‘i tizzasida yotar, oʻzi doʻppisini ajratib kiymoqda edi. Endi u oʻsha chakkasida alifdek chandig‘i bor (moʻylov-poʻylovi ham yoʻq!) chapani yigitga aylangan-qolgan edi.
— Ie, Botur, oʻzizmi?
— Ha, menman, Xondoda. Xizmatingizga yetib keldik, mana, — dedi u oʻzini qayta tanitayotgandek qaddini rostlay boshlab.
— Yo Qodir Alloh! Aytuvdim-a, qaerdan tanish bular deb... — Toʻram ham toʻlqinlanib tura boshladi. — Keling, bunday kezda qaytib koʻrishmoq lozim, tavof etmoq lozim. Kutmagandim, kutmagandim...

Ular qayta topishgan ota-boladek, piru murshiddek quchoqlashib koʻrisharkanlar, Toʻram Boturning kuraklarini silab-siypalar, bir og‘iz soʻziga ilhaqu shay yigitlarini eslab, koʻzlari namlanib kela boshlagan, oʻzi mutaassirlanib:
— Oh, mani dovqurlarim, suyangan tog‘larim, shu yergacha topib keldingizmi? — deb shivirlaru boʻg‘zilariga nimadir tiqilib, u yog‘ini aytolmas edilar.

U esa, oʻsha dovqurligi — ushlaganini kesib aytishi qolmabdi, boyagidek quloq taglariyu ensa boʻylarini iskalanarkan, bag‘ridan boʻshatmayoq aytadiganini aytib qoʻya qolmoqda edi:
— Topib keldikkinamas, olib ketgani ham keldik, Xondoda.

Toʻram uni bag‘ridan asta boʻshatib, yuzlariga termuldi:
— Qanday, Botur?
— Siz xoʻp desangizoq, bas, — dedi Botur oʻziga yarashadigan bir qat’iyat ila u kishining tirsaklaridan tutib. — Nima, ular qilgan ishni biz qilolmaymizmi?!

Uning shaxtidan Toʻramning yuragi bir qalqdi: qani edi, qanot chiqarib, ucholsa, u yetim qolgan diyorga! Ucholmaydi, qanotini tag-tagidan qirqib tashlaganlar! U bizning qushimiz edi deb! Endi borgan taqdirda ham kimga isbotlay oladi Ozod qush ekanini?!
— Bir og‘iz soʻzingiz, Xondoda, — dedi Botur qaytarib va boʻldi, desa, hoziroq ishga kirishadigan- dek.
— Botur, Siz begona yurtdasiz, qolaversa, men... — dedi Toʻram oʻtirib xotirjam gaplashmoq lozimligini anglab tursa-da, oʻtirmoqqa-da sabri dosh bermay. Ammo Botur fikrini tugatmoqqa qoʻymadi.
— Nimalar deyapsiz, Xondoda? Bu mening oʻz yurtim. Men uning har tosh, har oʻngirini kezib chiqqanman. Bu diyorlarga sig‘may oʻshal Tangritog‘ga chiqib borganbiz.
— Uni qarang, hijrat etibmi? — dedi Toʻram endi uning kimligini anglay borib, — Sultonmurod deganlari Sizmi hali?
— Men-da, Xondoda. U yog‘ini soʻrasangiz, — deb qulog‘iga shivirladi, — shu toshkanlik Abdurahim eshon pochchaning oʻg‘illariman. Eshitgan chiqarsiz balki.
— Qaysi, Sibirga surgun etilganlardanmi? — deya oldi u.
— Ha, — dedi Botur boʻg‘ziga kelgan soʻzlarni qult yutib, soʻng dedi, — diyoriga sig‘magan kishilarning bolalarimiz.
— Oʻtiring, Botur. Ulug‘ odamlarning farzandi ekansiz. Tik turib soʻrashmoq yarashmaydi bizga, — dedi Toʻram va qaytib oʻz oʻrinlariga choʻkdilar.
— Taqdirlarini biloldingizmi? — dedi xiyla oʻzlariga kelishgach.
— Qaerda!— dedi Botur xoʻrsinib.— Oʻsha Sibirdan ham, Tumanli yurtdan ham izlarini topolmadim.
— Izlab borib-a? — Toʻram hayratdan Boturning yuzlariga suyib tikildi: qani, hamma ham shundoq farzand oʻstira olsa!

Botur ochig‘ini aytishga qisinib xijolatlandi:
— Padar boʻlgach, izlarkansiz.
— Tushunarli-tushunarli, hijratingiz boisi ham,— deb qoʻyib, ularning tanishuvlariga tursalar turib, oʻtirsalar oʻtirib jim qolgan mehmonlarga yuzlandi.— Jilla qursa, Sizlar olishib oʻtiringiz, yoʻl bosib kelgansiz, axir.
— Xoʻp, Xondoda, xoʻp, — deb ular piyolalarga choy quymoqqa boshladilar. Keyin uzatishdi. Toʻram piyoladagi choyni aylantirgancha oʻziga kelmoqqa urinarkan, bularning rejasiga besh ketib-ketib qoʻyardi:
— Demak, yolg‘iz emassizlar? U yoqda... sheriklaringiz ham bor?
— Bor, bor. Otlarni taxt etib turishibdi. Bu yerdan chiqib borsagoq... — dedi Botur boyagi shahdamligi qaytib.
— Hali otliqma-yayov dovon oshib kelgan joyingizmi? Shundan shu yoqqa-ya?
— Bizning uchog‘imiz boʻlmasa ham, uchar otlarimiz bor! Ishonavering!
— Sulaymon payg‘ambar zamonlaridagidek-a?!
— Shunday-shunday! Ularga ikki dunyo bir qadam!
— Bu yog‘i-chi? — dedi qariya ichida qaynay boshlagan oʻtni bosib-bosolmay, — bu yerdan qanday chiqib ketmoqchisizlar?
— Undan osoni yoʻq, Xondoda, — dedi Botur halidan beri qarab qoʻymoqda boʻlgan qora soqolli sherigiga ximo qilib, — tanishib qoʻyasiz, bu akaxonimiz sizning oʻrningizga oʻrindoshlikka kelganlar. Adash deysizmi, qoʻshoq deysizmi, oʻziz bilasiz. Xullas, egizingizni topib kelganmiz. Koʻrasizmi?
— Qanday?! — dedi Toʻram ularning niyatlarini elas-elas anglayotgandek.
— Marhamat, — dedi Botur yolg‘iz oʻzlari tushunadigan bir imo bilan .

Mehmon yarim iljayib, yarim iymanib yuzidan niqob soqolini olib edi... roʻbarasida jussasiyu yuzi quyib qoʻygandek oʻziga oʻxshash xos tabibi paydo boʻlib, hayron qoldi.
— Ie, «Hoziq toʻram»?! Xush kelgaysiz!— deya oldiyu quchoq ochib koʻrisha ketdilar. Ilgarigi zamonning podsholari ana shunday qiyofadosh odam asraganliklarini, qay biri xon, qay biri soya — ajratolmasliklarini eshitgan edi. Bular ham shunaqasini qidirib, oʻzining xos tabibini ola kelishibdimi?..
— Demak, almashtirib ketasiz? — dedi nihoyat niyatlarini fahmlab.
— Qalay, arziydimi? — dedi Botur oʻz rejasining pishiqligiga qilcha shubhalanmay.
— Soxtasini qoldirib, chinini ola ketasiz. Shundaymi? — dedi Toʻram.
— Shunday. Ular bizni chuv tushirishganda biz tushirolmaymizmi?! Qalay, yaraydimi?
— Yaraydi, yaraydi, lekin.. — degancha koʻzlari chinakam namlanib kelib, ovozi oʻzgargancha... nimaga chal-g‘ishini bilmay oʻrnidan tura boshladi Toʻram. Keyin turib, negadir eshik tomon yurarkan, ichini oʻrtab yotgan soʻzni aytolmay, qoʻli ila yuring degandek Boturni imladi.

Botur ham Toʻramning aft-angoridan nima gapligini sal anglagandek boʻldi-yu, noiloj ergashdi. Ular peshayvonga chiqib, yotoqqami, xosxonagami olib borguvchi yoʻlakka burildilar. Shu bir necha daqiqa ichida necha oʻn yilga qarib ketgan Toʻram oldinda munkillagan choldek boraru lablari shivirlab, tilidan bir duoni qoʻymas, Allohim, oʻzingga sig‘inib, oʻzingga tavakkul etdim, oʻzing uyaltirma, deb topingandan topinar edi.

Nega? Bu ham yolg‘iz oʻzigayu Allohga ayon edi.

Ular yoʻlak adog‘iga yetib toʻxtadilar.

Toʻram eshikni qiya ochib, Boturga oʻgirildi:
— Men kimmanki, bunchalik jonni garovga qoʻyib kelibsiz, — dedi titroq bir tovushda. — Men oʻzim...— dediyu u yog‘ini aytolmay yutindi va koʻzini olib qo-chib, — sizga chini kerakmi? Ana, oʻzlari, oʻshal zot, — deya oldi.

Toʻram chetlanib, Botur bir qadam oldinga bosdiyu xosxonada joynamoz ustida tasbeh oʻgirib oʻtirgan ajab nuroniy Toʻramni koʻrib, hayratda yoqa ushladi.

Ularning qay biri haqiqiy, qay biri qoʻshoq — ajratib boʻlmasdi. Faqat buning koʻzlari yoshlimi desa, uniki-da, namliga oʻxshar, oʻxshayverar edi.

* * *

Ular koʻzda yosh ila xayrlashar ekanlar:
— Bir og‘iz... bir nima soʻrasam, maylimi, Xondoda? — dedi Botur.

Toʻram, soʻrang, deganday bosh silkidilar.
— Endi, tangritog‘li biz yetimlarga ne maslahat bergaysiz, ustoz? — deya oldi u.
— «Innamal a’malu binniyati». Niyatni pok qilavering. «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir». Balkim, Forobiy domlaning vasiyatlariga qarab boqarsiz. Oʻshal zotdan biron joʻyali fikr chiqsa, mumkindir...— dedilar Toʻram taqsir.

Ular qayta koʻrishtirmoqni Allohdan soʻrab, quchoqlashib xayrlashmoqqa boshladilar. Tashqarida shom tushib kelmoqda edi.

Xeshlar Kimni Izlaydilar? (yana maqsudning oʻzigagina ma’lum qissadan)

«Toʻra buvamning iltimoslari shunday boʻldi...»

Bu mujda menga jindek taskin bergan boʻlsa-da, turib-turib yana yuragimga g‘ashlik oʻrmalab kira boshlardi: «Tavba, biznikidan ham bexavotirroq joy borakanmi? Umuman, uni kimdan yashirishyapti? Nega yashirishyapti? Bu musibatzadalarning boshi ustida yana qanday abri balolar aylanib qolibdiki, Toʻra buva aralashmasalar? Anavi kemshiktoyning yoʻqolishi ham bejizmasmi? Uni bunga adashtirishganmi yo buni unga?...» Ishqilib, kalavaning uchini topa olmasdim.

Anuv Zohidxon deganimiz bozor-oʻchar qilib, Tarnov tomonga chiqib ketganmish. Bahavo joyda bitta oshni qilib, dam olib kelgani ketganmi yo biron tanishining ziyoratigami — unisini aytmabdi. Shu tobda unga telefon numerimni bera qolmaganimga pushaymonlar qildim. Harqalay, Toʻra buvaning iltimoslari sababini aytgan boʻlardi-ku, oʻzimga. Shundanmi, ichimni allaqanday bir tushunuksiz g‘ashlik kemirgandan-kemirib ishga kelsam, ertalabdan kimdir meni soʻrabdi.
— Bir juvon sizni uch qayta soʻradi-yov. Yana chaqiradi ekan.
— Kim, kelinoyimmi?! — dedim oʻtakam chiqib.

Hamxonam yelka qisdi:
— Bilmasam, aytmadi.

Joyimga oʻtirolmayin ham qoldim: boʻlak kim boʻlsa ekan? Nima roʻy bera qopti?

Na ishga qoʻlim boradi, na chiqib keta olaman! Deraza oldida turvolgancha hali yoz kelmasdanoq suv otaketgan favvoraga, uning toʻzonlarini goh mag‘- ribu goh mashriqqa tortqilagan yellar oʻyiniga alahsimoqqa urinarkanman, qoʻng‘iroq ovozidan choʻchib tushdim.

Ustoliga muk tushib, «havodan xolva yasash»ga tushib ketgan (biz gazetaga tushadigan «labbayka» maqolalarni shunday ataymiz) hamxonalarimdan burun goʻshakka yopishdim:
— Alyo, eshitaman.

Simning u yog‘ida mahzun xoʻrsiniq eshitildi.
— Yana menman, haliyam kelmadilarmi?

Oʻsha juvonligini bilib turibman-u, hech taniy olmayapman, kim boʻluvi mumkin — kallamga kela qolmaydi!
— Keldim, keldim, men — Maqsudman, — dedim yutoqib.
— Voy, oʻzingizmi? — Ayol daf’atan kalovlanib qoldi. — Uzr, tanimabman.
— Kechirasiz, kimsiz? — dedim biron bir tanishimga oʻxshatolmay.
— Men Asal opangizman.
— E, ha, sizmi?.. Xolamoyim yaxshimilar, yaxshi oʻtiribsizlarmi? — Nechuk, zahar-zaqqumoy muloyim-halim boʻlib, qidirib qolibdi?
— Xudoga shukr, duoi joningizni qilib oʻtiribmiz, — dedi u. Muomalasidan hayron qolib, soʻrashishda davom etdim:
— Qalay, darak bormi ulardan?

U oʻzini tutolmay yutindi:
— Oʻsha... oʻziz bilgan xatdan boʻlak... hech gap yoʻq. Oʻtiribbiza, eshikka qarab.
— Haliyam soʻraganakansiz, — dedim. Aytavuring, nima gap, deyishga tilim bormay.
— Ha, — dedi u iymanib, — Oyim soʻrab eslari ketyapti. Bir keb ketasizmi?
— Tinchlikmi?
— Tinchlik. Soʻraydilar-qoʻyadilar, soʻraydilar qoʻya-dilar, — dedi u oyisi Oytoʻra buviga kuyingan kabi. — Oʻzizga gaplari bor shekilli. Vaqt topolsangiz-da.

Uning bu tarz kuyingani (qarang, oʻsha Asal ham kuyinadi ekan!) menga xush yoqib, eriy boshlagan edim.
— U kishi soʻragan boʻlsalar, hoziroq yetib boraman, — dedim.
— Rahmat, kutovuz, — deb u gaplashgichni qoʻydi.

Tavba, koʻhlik yuzidan chak-chak zahar tomib, bir oʻrim sochi orqasida ilonday toʻlg‘ongan Asal qayoqdayu bu Asal qayoqda edi. Keyingi voqealar uni shunchalik muloyim-yuvvosh qilib qoʻygan boʻlsa-da, negadir koʻz oldimdan koʻchalari adog‘idagi anuv kuyib-qorayib tushgan yolg‘iz qora daraxt ketmasdi. Qarang-a, oʻsha Zaqqumoy ham muloyim tortishni bilarkan-a...

Borsam, Kalkovuzning suvlari hiyla tiniq tortib, zilollanib qopti-yu, asovligi oʻsha-oʻsha. Qirg‘oqdagi qator tollar tagiga shalop-shulup bosh urib kelib, qora ildizlarini oʻpib, patak ildizlarini oʻynab, nafis-nafis tarab yotibdi. Suvning bu erkalashidan tollar ham gurkirab, yashnab ketganlar. Novdalari bir ajoyib chayqalib, suluv-suluv tebranadilar. Ularga osilib halinchak uchgan-uchayotgan yellar ham shu Kalkovuz mehmoniga aylanganlar. Hatto «yoshini yashab, oshini oshab boʻlgan» paxsa devor ustida unib, gulini toʻkib, urug‘ bog‘lab ulgurgan qizg‘aldoq bir chiroyluv chayqaladi. Faqat anuv qora daraxtgina qarg‘ish urgandek, oʻsha-oʻsha soʻppayib turibdi. Sulaymon payg‘ambarning qurt yeb ado qilgan asosidek bir kun oʻzi chirib tushmasa, ungacha shu turishi turish, qayta koʻklashi dargumon.

Ostonasi tagiga katta xarsangtosh yotqizilgan (u chiqiladigan oʻziga xos zina ham edi) yakka tavaqali eshikdan kirib boraverdim. Yuqoridagi boloxonali uyning hovlisigacha choʻzilib borgan ishkomlar xuddi Kattabog‘ning ishkomlaridek tagiga bir ajoyib olachalpoq soyalar tashlab, yashnab yotar, gulini toʻka boshlagan uzum boshlari koʻk marvarid shodalaridek tok barglari orasidan moʻralar edilar. Ishkom ichidan uzum gulining islari gurkirab kelar va biz ichlarida shabboxun urib katta boʻlgan bog‘larimizni yodga solar edi. Farqi, bu ishkomlar ichi tizza boʻyi oʻt emas, balki yoʻl edi. Shu yoʻlakdan tepa hovliga chiqib borilar edi.

Men oʻzim kirib boraverishga haddim sig‘may, har ehtimolga qarshi ovoz berdim:
— Chaman aka! Hov, Yodgormurod!..

Ular yoʻqligini juda yaxshi bilaman. Chaman akam qaytsayoq qidirib topar edi. Yodgorni esa qaerdaligini aytib ham berolmayman. Menga ham ishonmay, qayoqqadir oldirib ketishibdi. Toʻramning gaplari bilan. Shunday boʻlsa-da, ularning otlarini atab chaqirar edim.

Yuqoridagi soʻritok tagida kimningdir qorasi koʻrinib, hech qancha oʻtmay Asal opaning oʻzi ishkom boshiga chiqib keldi. U uylik odmi koʻylak kiyib, boshiga roʻmol oʻrab olgan, bular unga yarashib, andisha-iboli ayollar nusxini bervorgan edi. Ilgarigi chars ayoldan nishon ham koʻrinmasdi.

U meni tanib, shoshib qoldi:
— Voy, sizmi, kirib kelavurmaysizmi? Bu yoqda biz eshik tiq etsa, termulib oʻtiribmiz-ku, — deb roʻmolini toʻg‘rilab, oʻzi Oytoʻra kampirning uyi tomon yuraverdi. Borayotib, «Kelishibdi, oyi», deb ovoz berib ham qoʻydi.

Meni esa koʻzim Yodgorlar turadigan (hozir oynasiga oq mato tutug‘lik) boloxonaga tushib, ilgarigidek bir sir bosib kela boshlagan edi. Bu xonadonning shunaqa birovga aytib boʻlmas sirlari bor. Ayniqsa, shu boloxonaga chiqaverishdagi anuv oq-oppoq kampirning dahlizida, oʻsha zinada, tag‘in boloxonasida. Bu sirning domiga bir tushdingizmi, chiqa olmaysiz ham, qutula olmaysiz ham menga oʻxshab...
— Assalomu alaykum, xolamoyi, — men ostona hatlab, qoʻlim koʻksimda, karavotlarida oʻsha-oʻsha, oq-oppoq boʻlib, mushtdek boʻlib oʻtirgan kampirga yelkamni tutib bordim. U kishi ham oq donasidagi qora xol-xolli yozuvlari yedirilib ketayozgan tasbehlarini qoʻyib, kiftimga qoqib koʻrisharkanlar, momiqdan momiq qoʻllaridan bir olam huzur topib, erib borardim, soʻrab-istashlariga «rahmat-rahmat, yurishibdi, oʻtirishibdi»dan nariga oʻtolmasdim.
— Bizning toychog‘imiz-chi, ichikib qolmadimi? Ketamizga tushib, qiynab qoʻymadimi sizni? Opkelavurmabsiz-da?... — derdilar kamiga.

Men qanday ayta olarkanman, tushuntira olarkanman u Yodgortoy bilan bog‘liq voqealarni, Zohidxon kelib olib ketganini? Olloh oʻzi kechirsin. «Tuzuk-tuzuk, yuribdi»dan nari oʻtolmasdim.

Nihoyat, hali ham koʻmilmagan sandal yoniga choʻka qoldim. Asal opa qoziqdan olgan dasturxonni xilviratib yozib, buvi duoga qoʻl ochdilar.
— Iloho, ovmin, shu qutli qadamlariz bilan biz sog‘ingan kishilarni ham oʻzi yetkaza qolsin. U yoqdan Chamanimizniyu bu yoqdan Saritoyimiz, Yodgormurodimizni, uning dard koʻrib roʻshnolik koʻrmagan ayaginasini...

Men yana yolg‘onlashga majbur boʻlmayin-da, deb ich-etimni yeb, duoga qoʻl ochib turibman-u, buvining betlariga qaray olmayapman. Ammo ich-ichimdan «Ilohim, farishtalar ham omin degan boʻlsinlar, Oytoʻra buvining duolari mustajob boʻla qolsin. Oʻsha jabrdiydayu sitamzadalar qaytib, bularning ham bag‘ri toʻla qolsin», deb tavallolar qilardim.

Nihoyat, yuzga fotiha tortilib, taxmondagi qutidan bejog‘liq talinkalar olina boshlandi.

Men «keragi yoʻq-keragi yoʻq» deganim bilan qutidan kallak qandu mayiz-yong‘oqlar chiqib, shaharning endi rasm boʻlgan churrak noni ushatildi. Ustida damlangan choyi bilan potirlab qaynab turgan mitti samovar olib kirilib joyini topdi-yu, moʻ’jaz xonaga fayz ham kira qoldi. Asal opa laylakoyoqqa oʻxshash bir ajoyib nozik gulli bir vaqtlargi chinakam chinni piyolalarga avval choynakdan, soʻng samovardan burab, choy quyarkan va kelinlardek nazokat-la uza- tarkan, meni xayol opqochib-opqochib ketar edi: Qarang-a, bir uyni yashnatib oʻtiradigan binoyi ayol ekan-ku... Saritoyi yoʻqolmasdan burungi zahar-zaqqu- moyni koʻringu hozir oʻtirishini koʻring, derdim ichimda.

Beixtiyor Nusrat pochchaning gaplari aylanib-aylanib yodimga tushib ketar edi. U kishi:
— Ollohga oson. Insof beraman desa, har qandog‘ini oʻnglab qoʻyadiki, qalbi qanday moyil boʻp qolganini oʻzi sezmay qoladi, — deyishni yaxshi koʻrar edilar. Shunga oʻxshab, bu ham Ollohning ishlarimikan?

Non ushatilib, piyola bir aylandi. Mulozamatlar davom etar, uy egalari maqsadga koʻchishdan istihola etib, sir berishmas edi. Nihoyat, oyoqlarini uzatgancha bizga yonlamasiga oʻtirgan Oytoʻra buvi:
— Uzr, biz sizni chaqirtirib, bezovta etduk, aybga buyurmaysiz, — dedilar ming bir istihola ila.
— Bezovtasi bormi? Xabar olish bizdan lozim, — deb men ham ma’zurlandim. Ichimda esa, nima gaplari borakan, deb intiqib yotibman.
— Aytmoqchi, — Oytoʻra buvi qizlariga oʻgirilib qaradilar, — bugun muharramning nechanchisi?

Asal opa barmoqlarini bukib sanay turib adashib ketdi, yana qayta sanab, javob qildi:
— Yigirma toʻrti ekan, oyijon.

Nimaga kun sanashyapti — hech aqlim yeta qolmasdi.
— Shunaqami? — dedilar buvi xayollanib. — U yog‘i Zulhijjadan bir hafta qoʻshilsa... oʻn kun ham qolmabdi-ku, aytgan muddatiga, — dedilar ichlari allaqanday sidirilib. Kamiga — ona-bola bir-birlariga g‘alati qarab olishdi ham.
— Nimaning muddati, xolamoyi? — dedim ichim tosha boshlab.

Buvi oʻsha yig‘ilmas oyoqlarini oq choyshab ustidan hardamxayol silar ekanlar, bir alpoz tin oldilar:
— Chamanning-da, mirzo bolam, ado qildi-ku bu yurishlari bilan.— Shu tob ichlaridan oʻrlab chiqdimi yo samovar ichidan tushgan choʻg‘ chayindida vishillab oʻchdimi — xonada bir tur dud anqib oʻtdi. U olovda kuya boshlagan jigarga ham, suvga tushgan choʻg‘ hidiga ham oʻxshab ketar edi. — Oʻshani dardida kun sanab oʻtiribmiz-da, biz-mushtiparlar...
— Qachon kelishlari kerak edi? — dedim men ham ichim sidirilib. — Aytib ketgandirlar, axir?
— Aytgan, mirzo bolam, aytgan, — dedilar buvi, u yog‘iga koʻcha olmay.
— Aytgan boʻlsalar — kelib qoladilar. Bilasiz-ku, Chaman akamni! Soʻzlarining ustidan chiqmay qolmaganlar.
— Chiqmay qolmagan, toʻg‘ri, — deb tasdiqladilar buvi, lekin chiroylari ochila qolmas, nimanidir aytolmay oʻtirardilar.
— Qayoqqa ketganlar oʻzi? — dedim, zora aytgan boʻlsalar, deb.
— Hov-v, Chaman boʻladiyu aytadimi, — dedilar buvi bir chuqur xoʻrsinib.

Asal opa esa bir moʻmin tortib-bir moʻmin tortib, bosh silkib oʻtiribdi. Piyola-sochiq haliyam qoʻlidan tushgani yoʻq: yozib-taxlaydi, taxlab-yozadi.
— Sizlarga aytmasa, kimga aytadi?
— Shu idoraga kiribdiki, shunday: aytmay ketadi. Qoidasi shundaymi?
— Axir ushlanib qolishi bor, bu yoqda zarur boʻp qolishlari bor.
— Bizam necha qaytalab aytganmiz, — deb gap qoʻshdi Asal opa, — uylansayam sil qilardi kelinni.

U endi ilgarigi Asal opaga oʻxshab-oʻxshab ketayotgan edi.
— Yoʻg‘-e,— dedim men Chaman akamning yonini olib.

Oytoʻra buvi (bilmabman, koʻngillari boʻshashib oʻtirgan ekan), roʻmolcha izlab, qizarinqiragan mijjalariga yenglarini bosdilar. Asal opa turib kirtokchadan roʻmolchami — nima olib kelib berdi.
— Mani oʻtirishim — bundoq, uning yurishi — undoq. Nimayam qilaylik, yozug‘i shundoq ekan, — dedilar buvi koʻzlari yana yoshlanib kela boshlab. — Bilmadim, shuning boshini ikkita qilib qoʻya qolsak, qutularmidik shu majhul yurishlaridan.
— Aytib ketiptilar-ku, — dedim gap sig‘masa ham.
— Aytganiyam bor boʻlsin, hamma gap shunda-da.

Men qolgan choyimni hoʻplab, hayron qaradim:
— Tushunmadim...

Oytoʻra buvi hijolatlanib, yuzimga bir qarab oldilar:
— Kelavurmasam... kun sanaysiz deb edi. Farishtalar ovmin degan ekan, aytganiday boʻldi.
— Qanday-qanday?..

Buvi aytishga qiynalayotganlarini koʻrib, Asal opa engashib qulog‘imga shivirladi:
— Hali aytdim-ku, oʻsha — omonat gap.

Hamma narsani kutsam ham, buni kutmagan edim. Xushim uchdi:
— Menga tegishlimi?
— Ha, mirzo bolam, qirq kundayam daragim boʻlmasa, Maqsudni chaqirtirasizlar, deb edi.
— Yoʻg‘-e?!— mening ich-etim boʻshashib tushgan edi.

Oytoʻra buvi bosh toʻlg‘adilar:
— Mayli, haliyam boʻlsa, aytmay tura qolay. Irim qildim, maylimi, mirzo bolam? — u kishi iltijo-la tikildilar,— uzr, oldindan chaqirganuvzaga.
— Ungacha balki oʻzi ham kelib qolar, — dedi Asal opa.

Men esam, miyam karaxt tortib, kallavaram odamga oʻxshab qolganmanmi, epaqali bir fikrga kelolmasdim. Koshki bilmasam, qayoqqa ketganini! Lekin bularga aytib boʻladimi! «Hov, Tibetdami, Tangritog‘ degan mamlakatdami — qiyomatli oshnasi bor. Mening akam! Qanchadan beri — na xat, na xabari bor. Oʻshaning daragi chiqib, (qanday aniqlagan — yolg‘iz oʻzi biladi!) joʻnab ketgan!» deb. Aytib boʻlarmidi kampirning oʻtakasini yorib?!.

Baribir boyagi gap hech miyamdan ketmayapti: qirq kungacha kelmasa, men nima qilishim kerak ekan? Bu nima degani? Juda g‘alati-ku?..
— Undan koʻra, Siz, mirzo bolam, anavi ostonamizga tanda qoʻyvolganlarni bilib bering. Aytgin, Asal, — dedilar buvi biz tomon yarim oʻgirilib.

Qizi u kishiga choy quyib uzatarkan, bosh silkidi:
— Xoʻp, oyijon, xoʻp.
— Kim... tanda qoʻyarkan?
— Bir ijroqoʻmdanmiz, deb keladi, bir idoradan, deb... Ijikilab bir nimalarni soʻragani soʻragan, — deb tushuntirgan boʻldi Asal opa.

Bir narsani tushunsam, oʻlsin agar:
— Nimani soʻraydi?

Asal opa yelka uchirib, labini burdi: (Ana, shunda u oʻzim bilgan Asal opaga oʻxshab ketdiyu, yana muloyim qiyofasiga qaytdi)
— Bilmasam. Hali doʻmavoyni titkilaydi, hali oʻzidagi roʻyxatni. Yashirmang, yana kimlar turadi, deb tergaydi.
— Boloxonaga chiqmadimi, ishqilib? — dedim ichim toʻkilib kela boshlab.
— Qayoqda! Qoʻymadim! — dedi u qoshlari chimirilib-tushib.

«Bormisiz! — Men ich-ichimdan uni yoqtirib qola boshlagan edim. — Yaxshiyam sizga roʻbaroʻ boʻpti».
— Kirolmabdimi, qoʻrqadigan joyi yoʻq, — dedim dadillanib. — Bu yog‘ini oʻzimga qoʻyib berasiz: ishxonadan bitta qoʻng‘iroq qilsam, nafaslari oʻchib ketadi.

Oytoʻra buvi azza-bazza duo qilishga tushdilar:
— Voy, barakagina toping, mirzo bolam. Yaxshiyam chaqirganimiz. Chamanni yoʻqligini bilintirmay turing. Shuni aytadilar-da, har xonadonning erkagi boʻl-sin-u, Alloh panohida asrasin, deb.
— Boʻldi, oʻzim tez-tez kelib turaman. Keyin... tortinmay qoʻng‘iroq qilavering, chaqiraveringlar, — deb va’dani qalashtirib, ularga taskin berarkanman, koʻnglimning bir chekkasida «U surishtirib kelayotganlar kim oʻzi? Kimni qidiradilar? Yodgornimi, kennoyimnimi?» degan ishtiboh g‘imirlab-g‘imirlab qoʻyar, buni mana bu mushtiparlarga bildirmay qoʻyaqolay, deb uni ichimga yutganim-yutgan edi. Qolaversa, Chaman akam nima deb tayinlabdi ekan? Hech tagiga yetolmay oʻtiribman. Buvi qirq kun boʻlmabdi hali, deb irim qildilar. Shundan keyin qanday soʻray olasan?!

Gaplar ham poyoniga yetib qolgandek edi, men turishga hozirlana boshlab, yana bir taskin bergim keldi.
— U soʻrab kelguvchilardan judayam qoʻrqmang. Nazarimda, ular xeshlarini izlashadir, — dedim.
— Kimlar?— dedilar Oytoʻra buvi xushyor tortib.
— Axir, Yodgorning Tangritog‘da qolgan xeshlari bor-ku. Oʻshalar izlayotgan boʻlishsa kerak-da nuridiydalarini...

Oytoʻra buvi oʻtirgan joylarida bir yerga yetib, hamdu sanoga tushdilar:
— Olloh-Olloh! Hali shundoq edimi! Chindan Oʻzining karami cheksiz, poyonsiz. Toʻg‘ri aytasiz, xeshlari qarab turisharmidi. Subhanallohi va bihamdihi, subhanallohil a’ziym. Oʻzing mushkullarini oson etgil,— deb duo qilgancha qiblaga yuzlandilar.

Yo Musavviri olam! Mening koʻz oldimda esa, Oytoʻra buvining yuzlaridek yorug‘ bir nur turib olgan, qayoqqa qarasam oʻsha yoqqa koʻchar, suv tubida yotgan yombiday jivirlab koʻzimni qamashtirgani-qamashtirgan edi. Goh sap-sariq xandalakka aylanadi-qoladi, goh bir oʻram sariq ipak toʻpiga. Ba’zan esa, goʻyo yulduzlar turkumiday jivirlashga tushib beradiyu oʻz poshshosiga ergashgan asalarilar toʻdasidek g‘ujg‘on oʻynay boshlaydi. Nima ekan, hech bilolmayman. Bu holdan azbaroyi toʻlqinlanib boshimni koʻtarsam, deng, oʻsha nur koʻchib borib, Oytoʻra buvining bosh tomonlaridagi anavi jildga qoʻndiyu meni hayratga solib, unga singdi-ketdi, tavba.

Koʻz oldimda jigarrang chiyduxobadan tikilgan jildu uning ichidan bir enlikkina chiqib turgan eski-qadim qitobgina qoldi, xolos. Uning yonida oʻsha devor qoziqqa osig‘liq boshqa bir — nay boʻlib nayga, surnay boʻlib surnayga oʻxshamagan, lekin qadim bir matodan tikilgan jildga osig‘liq narsa turibdi. Men uni har gal bu xonadonning avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan shajara qog‘ozi boʻlsa kerak, deb taxmin qilaman-u, buvidan soʻrashga jur’at eta olmayman. Bu gal ham tilim bormadi. Mavridi emasdi.

Faqat jig‘illashi goh susayib-oʻchib, goh yana qaytadan jonlanayotgan samovar yonidagi Asal opa Saritoyini oʻylab ketganmi, oʻksig‘ini ichiga yutib, jimgina yig‘lab oʻtirar, ora-chira hiqillab qoʻymasa, koʻngilni ezadigan narsa yoʻqdek edi goʻyo...

Hijron Shevasidagi Mahfuz Xatlar

Dunyoda birovning birovga atalgan xatidan g‘a- royibroq narsa yoʻq. Yana ular ayriliqdagi kelin-kuyovlarga tegishli boʻlsa!

Bu esa, ustiga-ustak boshqa imloda edi. Faqat birovgagina oʻqitib, nimaligini bilish mumkin. Qolaversa, birovning xatini egasidan bir og‘iz soʻramay birovga oʻqitish mumkinmi? Har qancha g‘aroyib boʻlgan-da ham (asli akam haqida biron mujda chiqib qolarmikan, deb ichim qurib yotibdi!) bu mumkin emasdek edi. Avvalo birovniki! Ustiga-ustak omonat. Kenno-yim eshitsa nima deydi?

Pochchaga olib borgim kelmadi. Iya, Maqsudxoʻja, kennoyingni daragi chiqibam bizga indamabsan-da, desalar nima degan odam boʻlaman! Undan koʻra, oʻziga qaytarib beraman. Nima qilsa qilsin. Xohlasa asrab qoʻysin, xohlamasa, yirtib tashlasin. Nimalar kechgani bir umr qorong‘i qolsin! Muhimi, u akamni kut-yapti-ku. Oz emas, koʻp emas — necha yillardan beri, birovlarning eshigida sarson-sargardonlikda yurib ham, Olloh yuborgan dardlarni bir ehsondek kutib, chidab kelyapti-ku. Shuncha sabr-bardoshni qaerdan topdi ekan? Chivindek joni, ayol boshiga? Sabil ekan-ey tag‘in ham joni...

Ishqilib, akam omon boʻlsin, bularning baxtiga, shuncha kutganiga. Axir, Chaman akam topgandir-ku? Qaytib ham qolar-ku...

Shunday mahzun xayollar bilan uyga kirib borsam, oyim otin oyilaridan yodgor qolgan qalin qizil gilam ustida (koʻrpachadan tushvolib) chordona qurib, enkayib oʻtiribdilar. Hadeb tizzalaridagi kaftlarining orqasini silaydilar. Goh unisini, goh bunisini. Eshiklari qiya ochiq, quruq yakandoz yopilgan sandal ortida (men oʻzini koʻrmayotirman) kimdir nimadir oʻqiyapti. Oyim toza quloq osganlar. Men kelganimni sezmaganlari sezmagan, ora-chira burunlarini bir g‘alati tortib ham qoʻyayaptilar. Xuddi oʻksilari bosib-bosib kelayotgan kabi.

Zinada oyog‘imdagini yechayotib quloq solsam, tanish ovoz, oʻqiyapgan keliniz!.. U oʻqirdi:

«... homilam kun sayun bilinub boradu. Men boyaqishgina uni ichdan sirib ham, ustimdan xalatu kamzullar kiyib ham yashirolmasdum. Yashurganday boʻla- man-u, yana hamma menga qarayotgandek... bu baxtiqaro qornidaginu qaydan topdu, qaerdan boʻyuda boʻla qoldu, deyayotgandek. Tushuning, bosh koʻtarolmayutirman. Ayturga tilim yoʻq. Birov sizga uy berur, joy berur-da, yana malomatlarga qolurmu? Mening kichigoyum, sizning xolamoyingiz — u farishtadayin zotlar shundayun malomatlarga qolsunlarmu...»

Men nimanidir anglayotgandekman-u, tagiga yetolmayotirman. Nima boʻlsa ekan? Kim boʻlsa ekan? Nahotki shunday sirlarni birovga ochish mumkin, yozish mumkin?

Bir qadam bosib, ayvonga chiqdim. Saidaning nigohi menga tushib:
— Voy, bular keptilar-ku! — deb sakrab turayotib negadir loladay qizarib ketdi. Qoʻlidagi... unniqib ketgan daftarni qaerga yashirarini bilmay garangsidi. Tanidim! U oʻsha eski uyimizda qolib ketgan daftarlarga oʻxshab ketar edi. Nahot oʻsha omonat xatlar?! Qaerdan ola qolibdi? Qolaversa, xotinim u eski imlodagi narsani qanday oʻqiyapti?
— Nimaga soʻramasdan... oldiz?
— Kechirasiz, — Saida yer chizib qoldi. Qimtilgan lablari qontalashib borardi.

Mening «bemavrid tergashim»dan oyim asta boshlarini koʻtarib, yelkalari osha qarab qoʻydilar. Oʻzlari oʻsha-oʻsha gilam ustida chordona qurib oʻtirar, faqat kaftlari orqasini siypashdan toʻxtagan edilar.
— Ha, Maqsudxoʻjam? Men aytib edim, — dedilar.

Men salom berib, kirib boraverdim. U kishi alik olib, tuzukroq oʻgirildilar:
— Shoshma. Qaerdan topding bu narsalarni? Yo boya-qishginaning daragini topib ham miq etmay yuribsanmi? Anuv kungi bolakayni ham... kim deb tushuntirib eding?

Oʻzim kirib, oʻzim mulzam boʻlib qoldim! Rostiga koʻchmay boʻlmasdi:
— Eski uydan, oyi. Tokcha orasida ekan.
— Bir og‘iz indamading-ku?

Yashirishning hojati qolmagan edi:
— Oyi, u kishi iltimos qilib edilar. Oʻzlari shu shahardalar. U kungi bolakay ham shularning Yodgori,— dedim tilimning tushovlari yechila borib.
— Dard edi! Goʻr edi!.. — Oyim betimga yomon qarab, yuz oʻgirib oldilar. — Tiling bor ekan-ku! Aytsang oʻlib qolarmiding?!

Miq etolmay qoldim. Endi kennoyim bilan bog‘liq barcha gaplarni aytib qutulmasam, qutulolmasdim.
— Xohlasangiz, olib boraman, oyi. U kishi shifoxonadalar. Sal tuzalib olsinlar.
— Voy, hali shifoxonalarda yotibdiyu... bir og‘iz aytmadingmi? Birrov koʻrib kelishga yaramadikmi? Es-pesing joyidami, bola? Seni kim aytadi gazetada ishlaydi, koʻcha koʻrgan, deb? Voy, Maqsudxoʻjam tushmagu-ur, haliyam bolaliging, doʻlvorliging qolmabdi-ku.

Men yer chizib qolgan edim. Oʻtirishimni ham, nima deb uzr soʻrashimni ham bilmasdim. U kishi esa astoydil hafa boʻlganlaridan mendan yuz oʻgirib olgan, qarab ham qoʻymasdilar. Men hatto elanib, uzr soʻrashdan ham hayiqib turibman. Battar gap eshitib olishim mumkin. Negaki, ayb oʻzimda. Vaqtida aytmaganman.

Nihoyat, u kishi yuzlari yorishmay oʻgirildilar:
— Qachon chiqarkan, boyaqishgina?
— Bir hafta-oʻn kunlarda javob tegib qolar, — dedim shoshibgina.
— Ungacha oborasanmi yo tag‘in uyatli boʻlib qolavurovzami?
— Oboraman-oboraman, oyi. Sizni obormay, kimni oboraman, — dedim u kishini yumshatishga urinib. Ammo oyim jahllaridan tushadigan koʻrinmasdilar:
— Ja, oborasan! Man sani oʻsha ishxonangga tuqqan ekanman-da. Jujur edim deysan — ketasan, falon yoqqa deysan — ketasan. Oqibatniyam bilasanmi?
— Oyi, mana yuribman-ku, oʻsha kelinoyimning tashvishi bilan.
— Yurganing shumi? Bir og‘iz aytib qoʻymay? Senlar Yaxyo boʻlolmaysan. Shu tomonga yoʻli tushdi deguncha koʻrgani kiradi. Borsa-kelsa oqibat boʻladi-da. Senlar oʻzingdan ortasanmi?

Men tiz choʻkkanimcha miq etmay qolgan edim. Nima deyayotgan boʻlsalar — hammasi toʻg‘ri. Biz Yahyo tog‘adek boʻlolmaymiz. U kishi oʻn marta kelib koʻrganlarida biz bir marta borolmaymiz. Koʻchib ketishgach-ku, yilda bir marta borsak boramiz, boʻlmasa yoʻq. Aslida biz jiyanmiz, borib koʻrish bizdan lozim, koʻzlari ojiz boʻlib oʻtirib qolgan xolamlarni koʻrib qoʻyish, duolarini olib qolish bizdan lozim. Qayoqdan ham Chaman akamning oʻsha (ovoza qilma degan) gapiga kirib, ichimga yutdim. Ayta qolsam-ku, shu dashnomlar yoʻq edi.

Oyim sekin qarab qoʻydilar, men bosh koʻtarmasdim. Buni koʻrib yumshadilar.
— Boyaqishgina, qaerlarda jon saqlagan ekan?
— Oʻsha xat tashlab ketgan odam — akamning jonajon og‘aynisinikida, — dedim u yog‘ini ochib oʻtirmay.
— Ha, baraka topsin. Manavini oqibat deydilar. Shaharli boʻlsayam, qay koʻchalarda sang‘ishib topgan boʻlsayam, chin oʻrtoq ekan akangga. Yomon kunida yarab-di, — dedilar astoydil alqashga tushib. — Kenno-ying tuzalib chiqishi-la bizni oborasan. Aytishmasin, bular qanaqa oqibatsiz odamlar ekan, deb. Mayli, bor, yechinib chiqa qol. Ungacha biz eshitib turovuz bu yog‘ini.
— Shu hijjalashida tong otadimi, — dedim chiqa turib.

Xotinim bir qarab qoʻydi-yu, indamay qolaverdi. Men esam, chiqishga chiqdim, yechinishga yechinib, kiyimlarimni almashtirdim, ammo qaytib chiqishga ensam yor bermasdi. Nedurki, daftarlarni soʻramasdan olgani yetmay, uni oyimlarga oʻqib berib oʻtirgani alam qilayotgandi. U oʻqimasa, men shuncha dashnom eshitarmidim?..

Gina, alam bir taraf, lekin oʻzim ichim qurib, kitob varaqlab oʻtiribman-u, miyamga biron narsa kir-sa — oʻlsin agar! Fikri-zikrim oʻsha yoqda.

Axiyri bir mahal Saida chiqdi. Xatni qaynona-kelin oʻqishib, toza yig‘lashgan shekilli, qovoqlari shishib ketibdi. Lekin shunda ham sir bergisi yoʻq.
— Adasi, moshxoʻrda solib qoʻyuvdim. Gurunch tashlasamoq pishadi. Yo biron piyola choy opkelib turaymi?
— En-dimi?! — dedim boyagilarning alamiga ham.
— Koʻrdingiz-ku, oyim nima dedilar, ulardan oʻtib...— deya oldi.
— Yaxshi, ochdan oʻlmasman yarim soatga.

U daftarni sekin joyiga qoʻyib, chiqa boshlab edi, toʻxtatdim:
— Shoshmang... Buni oʻqishni qachondan bilasiz? — dedim daftarga ishora etib. — Men kimga oʻqitarimni bilmay yuribman, bu yoqda siz...

U ginaomuz qaradi:
— Bir og‘iz aytsangiz ekan oʻzingizdan ortib...
— Ha, endi, ishimni bilasan-ku, — deb baland keldim.

U issiq jilmaydi:
— Yurgan ekansiz-ku, kennoyingizning ketida, ishdan ham vaqt topib...
— Yuribman, — dedim toʻg‘risiga koʻchib. — Bir musofirning ketida yurish — avvalo, savob, qolaversa, u jabrdiydalar kimni qora tortib kelib, shu koʻyga tushibdi?
— Ha, shuni ayting, tag‘inam fil ekanlar, — dedi Saida boʻshashib.
— Hammasini yozibdilarmi?
— Ha, hech kimga yorilolmay shunga toʻkkan ekanlar.
— Oʻzimga qachon oʻqib berasiz? — dedim ichim qurib.
— Hijjalashimga chidasangiz, — dedi u kulib.

...Mana, oʻsha egasini topmagan maktublar. Bir vaqt-lar bizning Kattabog‘dagi eski hovlimizda yarim yilgina turgan kennoyimning sardaftari. Yolg‘iz akamga atab yozgan, ungagina toʻkkan dardu hasratlari. Bu tarix toʻla boʻlsin uchun men uni sizga u kishidan beruxsat boʻlsa-da, (albatta, keyin bu qissa kitob boʻlib chiqqunicha izn soʻrab qoʻyarman, deb) ilinmoqdaman.

Judoluq Diyoruda Qolmish Kishimizga Tegsun, Ilohum

Menkim, oʻz juftu halolungiz, bir haftagina erkalab ulgurgan jamilangizdurman. Mayli, bor jonum, otalar yurtiga, arvohlar yor, ruhlar madadkor boʻlsun— Ollohning panohiga, izingdan yetib borgayman degan Mahfuzangizman.

Yoʻllaringizga termulub koʻzlarum toʻrt boʻldu. Oʻlturubman: kechalari uyqum oʻchib. Tong-saharlarda duoi iltijolar etub. Tiq etsa, Sultonimmasmu, deb yuraklarum toshub-hapruqub.

Oy ketudan oy ketmoqda suvday oqub, kun ketudan kun oʻtmoqda bag‘rum yoqub... Ammo Siz yoʻqsiz. Hatto elchularingizdan darak yoʻq. Bilaman, uzoqning ishi qi-yun. Lekin bir og‘uz mujda yuborish shunchalar mushkul edimu? Yo bizdan keyun sarhadlar berkuldi-qoldumu? Bizday ojiz-notavonlar oʻtub, sizlardayun eranlarnu bittalab terdularmu? (Xudo oʻzi asrasun).

Shularni oʻylasam, meni ham Yusuf alayhissalomdek bir tubsiz chohquduqqa tashlab ketushgandek, halu beru xaloskorum kelub yetmaydurgondek tuyulaveradu-tuyulaveradu. Ikki rak’at namoz oʻqib, Ollohga duoi iltijolar qilmagunumcha oʻzumga kelolmasman. Soʻng «huvallohullazii»ni yolg‘iz sizga atab oʻqugayman, zora nolai zorumni ijobat etub, Siznu balo-qazolardan asrab qaytarsa, deb. Yolg‘uz orzum shu: Olloh bizga-da xotirjamlik ato etsun, padarlarumizdek tentiratub qoʻymasun. Sinasun, imtihon etsun — shu Vatandan judo etmay, sarson-sargardon etmay sinasun.

Men azbaroyyu kimga yorilarimnu, dardu hasratlarumnu toʻkarimnu bilmay, axiyri oʻzingizga xatlar bitmakka, joʻnatmasam-da (axir qandoq ham joʻnatay?! Oʻrtada sarhad, qancha tog‘-dovonlar yotibdu. Men boyaqishginaning bitiklarinu kim ham Tangritog‘ga yetkazgay?) shunday boʻlsa-da, harna yengil tortarmanmu, deb yozmoqni boshladum. Shuni oʻzum ixtiyor ettum. Xudo xohlasa, bir kun kelib oʻqirsiz. Mening aziz jamilam ota yurtda shunday kunlarga qolganmudi, bir haftalik kelin boshi ila shu koʻrguliklarga chidaganmudi, deb... ichinguzda bir hislar uyg‘onsa — shuning oʻzi menga kifoya.

Endu oʻzumdan soʻrasanguz, sarhaddan omon-eson oʻtib olduk. Olloh otamlarnu bundanam aziz qilsun, topgan mahramlari — chin moʻmin ekan. Yeru koʻkka ishonmay, pardai ismatdagi oʻz qiziday koʻrub, olib oʻtdu bu yoqlarga. Har tekshiruvchiyu gumonsiraganga qalqon boʻlub, paranjiyu sachvonumni oldirmay-ochtirmay. Dadam bu yoqqa joʻnata turib, qoʻshgan odamlari (Oh, qandayun ham odambilar, odamtanur ekanlar!) oʻzu chinoq, oʻng qulog‘ining yumshog‘i tamom yoʻq, ustuga ustak garang bir kishi edi. Oʻnta gapga bitta javob beradu. Shunaqa hokisorki, birovga yomonluq sog‘inolmaydu. Hali-hozur oʻshal qorasoqol — garang odamning haqqiga saharlarda duolar qilaman. Ollohning fazlu marhamatinu soʻrayman unga. Oʻshal odam oʻz yetum qiziday meni esku-tuskularga oʻrab, yomon koʻzlardan asramasa, ikki dunyoda oʻtolmaskanman bu yoqlarga.

Oyim boyaqish, menu yeru koʻkka ishonmas oyuginam xuddi qudalarinikuga joʻnatgan kabu asl kelunlik liboslarumda, duxoba paranjularda yoʻlga chiqargan ekanlar.

U kishi hovlusiga opkirub hinduday qora, eti ustuxoniga yopishgan (lekin koʻzlari biram muloyum) bir ayolga (xotinu boʻlsa kerak) buyurgan edu, menu «voy, kelinposhsha, aylanay sizdan», deb ichkaruga boshlab ketdu. Birpasda kirtaxlarnu koʻtarub, sanduqlarnu ochub, lozim edimu, koʻylak edimu, nimchalarmidu topib oldumga qoʻydi-da, oʻzu chiqayotib:
— Mashilarni kiyvolaqoling, irganmang, aylanay, necha kiyilgan boʻlsa shuncha yuvilgan,— dedi. Keyun oftobda oʻngub-la ketgan sidirg‘a paranju koʻtarib kirdu.
— Mashini yopinub olasiz, kelinposhsha. Zamon chop-chop, ashini koʻtaradu. Oʻzizzikini bir boʻxchaga tugib beraman, bemalol ketasiz, — dedi.

Keyun: «Amakizzi ra’ylariga qaraysiz-da, qattiq-quruq gapursalar koʻnglizga olmaysiz-da. Yura qoling. Ilohim, oy borib, omon yetinglar. Ollohim oʻz panohida asrasin. Borgan yeringizdagilarga duoi salom aytinglar. Nasibamizni qoʻshgan boʻlsa, orqanglardan biz ham borib qolarmiz», dedi.

Qanday borishadu yo amaki joy topub, keyin olub ketadurlarmi — tushuna olmasdum.

Bu orada ular xayr-xoʻshlashib, ortumizdan irimiga suvlar sepub chiqa boshlashdu. Hindudek qora xotin chinoq eruning yelkalarini silab, yuzuga surtar, ikki gapuning biruda:
— Hoy, dadasi, dadajonisi, uzoqib ketmang-a, bizlarni-da olib ketadigan boʻlib keling-a,— deb tayunlar edu.

Chinoq amaku menung engul-boshum, paranju-sochvonlarumga qarab:
— Ha, bu boshqa gap, qizim, — deb qoʻydu, — hali qaerlardan oʻtmaymiz, kimlarga roʻbaroʻ kelmaymiz. Yetvolayluk — har qancha orzu-havas siz bilan...

Uyalublar ketdum: shu tashvishlarnu ilgaruroq oʻylasam, boʻlmasmu ekan?

Men yoʻqchilukdan opalaruning eskularinu kiyub katta boʻlyapgan, halutdan paranjuga oʻranvolgan qizaloqqa oʻxshab qolgan edum. Bu juda ajoyib edu, Murod aka. Oʻzumga ham yoqub qolgandu. Chimmat orasida oʻzumnu emin-erkin, osudaroq seza boshlagan edum. Negaki, chimmat orasudan kelaturgan odamnu bilar darajada qarab olish mumkun edu. Ochiqda uyalasan kishu. Hayo ham qoʻymaydu. Chimmat orasida erkinsan. Lekun Siz xayoluzga ham kelturmang. Shariat biz ayollarnung fe’ludan ham olungan, Murod aka. Eslang: ayollaruzga aytung. Koʻzlarinu nomahramdan tiysunlar deyulgan. Gunoh — koʻz zinosiga qarab ketadur... (Biz ayollarga Sizdek yolg‘uz oʻz nikohudagilarga toʻyub-toʻyub tikilmoqqa izn berilmish. Ortumdan yetub kelsangiz manu u baxtga erishtirgaysiz. Bilung, menga Sizdan oʻzgasu kerak emas! Faqat oʻrni kelgani uchungina aytdum.)

Shunday qilub, ketduk: oxiriyu poyonu koʻrunmagan, tugamaydurgan yoʻllar bilan — dovon oshub, tog‘ oshub. Qir yoqalab, dasht oralab. Yoʻlda bir martagina kimningdur shaldiroq aravasiga tushubmiz. Ich-etum toʻkilub bitdu, deb oʻyladum. Oyoqlarum orom topganu bilan oʻzum toʻkulub tushganday edum.

Hech yerda men — eski-tuskiga, opasuningmu — kimnung paranjusiga oʻranub olgan kimsaga qarab ham qoʻymas edular. Men bir chekkada sig‘indudek mung‘ayib turar, hujjatlarnu amaku koʻrsatub, menu kimi deb tushuntirar — keyun qoʻyub yuborushar edu. Har gal yuzingnu och, deb qolushlarudan zir-zir titrab turaman, Ollohga duo, iltijolar qilaman. Oʻzing mavlomizsan, oʻzing asra, deb yolborib turaman — oʻzu oʻnglaydu. Koʻngluga soladumu, insof beradumu, eng badjahllari-da, bir qarab qoʻyadiru indamaydir.

Olloh bor, Murod aka, qoʻllaydurman desa, har qandoq yerda qoʻllaydur. Man-man degan chegarachi-nazoratchularnu koʻzini koʻr etub qoʻyadurganam, esinu og‘diradurganam oʻzu.

Oyum oyatal kursiynu oʻqub bor, u sening qoʻrg‘onung deb edular. Oʻsha sabab boʻldimu, ishqilub bu katta shahargacha omon-eson yetub olduk.

Ammo yetdumiz deb bevaqt xursand boʻlgan ekanmuz! Esku Joʻvadan biz qidurgan odam allaqachon uyuni sotub, koʻchib ketgan, qayon bosh olub toʻzub ketganuni hech kim bilmasdu. Amaku manu bir uy soyasiga oʻtkazub qoʻyub qaerlarga borub kelmadu — bilaman deydurgan odam topilmasdu. Bu yoqda kun avval asrdan oʻtdu, keyun shomga qarab kettu. Ichumizni it tatalaydur: qaerdan bir boshpana toparkanmuz, deb, tong otdirarkanmuz, deb. Axiyri oʻsha siz qulog‘umga shivirlab aytgan manzil tilimga kela qoldu:
— Shu Esku Joʻvada Zarqaynar deb atalmush koʻcha bormush, shu koʻchada Nusrat pochcha demish odam... — dedum amakiga.
— Kim? — dedu kaftuni qulog‘uga tutub.

Men qaytardum.
— Kim aytti? Hojimmi? Bizning tutungan akamizmi? — dedi (shundagina bilibman, bizga tutungan amaku ekanini!)

Men aytolmay yer suzib qoldum.
— E-ha, kuyovga tegishlimi, unda topsa mumkin, ishonsa mumkin, — dedu.

Shunaqqib biz ularnu topub borduk.
— Voy, shunaqami? Voy, hoy, Sanobar, suyunchilig‘ni eshit: Sultonmurodingni oldidan kelishibdi! Mozor bosib kelgan mehmonlarga qara, katta uyga joy sol. Voy, hoy, Minovar, samovaringga qara. Oyoqlarining tagiga qoʻy soʻysa arziydirgan kishilar kepqopti, — deb shoshub qolishdu.

Toshkannu asl odamlarinu shunda koʻrdum; mehmon desa, jonlarinu qoʻshub bervorishar ekan. Siznu nomingiznu eshitiboq bag‘irlarinu ochub yuborishdu. Yo ular chindan ham shunday halim odamlarmidi, yo Siznu urug‘-aymoqlaruz oʻzu shunaqami — bilolmasdum.

Kirduk. Qoʻyarda-qoʻymay boshimdan paranjuyu soch-vonumni oldirishdiyu... qotib-la qolishdu. Na siz kimsiz, deb soʻray olishadu, na qaerdansuz deya olishadu. Tikilub qolishibdu. Axiyru xolangizlarga (uyat boʻlsa-da) oʻzimnu tanutdum:
— Men... oʻshoqlu kelinizman, Mahfuzaman, — deya oldum.
— Voy, kelinizman degan shirindan-shakar tilizdan, oʻzim aylanay, qani, boshqatdan koʻrishib qoʻyaylik,— deb yuzlarudan nur yog‘ilub quchoq ocharkanlar, tepchuk qog‘ozlar hidimu, doʻppu ipaklaruning ifor hidlarimu gurkirab borardu. Axiyru katta qizlaruga:
— Hoy, Sanobar, sanduqni och, koʻrmanaga bir kiyim ipakli ol, chop, — dedular.
— Voy, qoʻyung, xolamoyu, nima deyapsiz? — deyman nuqul.

U yoqda esa, xolamoyuning qizlari eslaru og‘ub bir-birlariga shivirlashadu:
— Voy, anuvning oʻzi-ku, quyib bichganmi, bichib quyganmi, Marg‘u-ku, — deyishadu.

Marg‘usi kim ekan, oʻsha siz ham menu unga adashtirgan kelinmu — bilolmayman.

Axiyru ikki kiyimluk ipakli, biri qarg‘ashoyi atlas, biri sariq atlas koʻtarib chiqib, irimiga boshumga qoʻyishdi. Muborak boʻlsun qilishdi.

Men ham boshumga roʻmolumni kelunlardek solib, uning ikki chetudan tutgancha (Siz oʻsha kecha tushuntirgandek) toshkanchasuga kelunsalom qildum. Avval jondan aziz xolangizga, keyin Sanobaru Minavar opalarga.
— Koʻ-oʻp yashang, qoʻsha qaring, — deb duo qilishdi.

Bilsanguz, mendan baxtli odam yoʻq edu oʻsha topda, Murod aka.

Keyin boshqa uyga opkirib, boʻxchamni yechdirishub, uydan chiqqanumdagi kiyimlarumnu kiydirub chiqishdu-da, pochcha bilan chinoq amakuning olduga salomga olub kirishdu. Bir uyaldum, bir uyaldum. Hech qachon bunchaluk holga tushmagandum. U shunaqa shirin ham totlu desammu, uyatlu ham, keraklu desammu, bir yumush edu. Undan keyin odam oʻzuni qushday yengil his etardu.
— Koʻp yashang, kelinposhsha, tup qoʻyib, palak yozinglar, koʻrkam-koʻrkam farzandlar koʻringlar. Olloh yomon koʻzlardan oʻzi panohida asrasin, ilohim, — deb duo qildular tez hansurab qoladurgan pochchangiz. Keyin qoʻyunlaridan katmonlarini olib, nechtadur qizil oʻn soʻmlik uzatdilar Sanobar opaga. — Bu mashriqli kelinimizga mendan yodgorluk boʻlsun, bitta tilla soat olib bergaysizlar, udum shunday — qutli uydan hadya.

Men boshum gir-gir aylanub, zoʻrg‘a chiqub ketdum. Ularga choy quyub uzatishni-da, unutibman. Eslasam, halu-halu yonoqlarum lov-lov yonadur.

Shunday qilub, oʻshal — Siz bir muddat umrguzaronluk qilgan koʻp qadum xonadonga (yoʻlkalariyu kovshandozlari musulmon g‘ishtdan terib ishlangan, vassajuftli keng-keng, taxmon tomonlaruda yozning ne’-matlaru — behulardan tortub noklarga qadar, uzumlardan tortub chilonjiyda shoxchalariga qadar osilgan dor yog‘ochlari bor) uylarga kelub qoldum. Mahram amakum meni ularga ishonub qoldirub ketdular. Qaytub kettimu yo xeshlarinu izlab kettimu, bilolmadum.

Bir oychamu, qishga qadarlu shu xolamoyingiznikuda qoldum. Men oʻshal sizga jondan aziz kishularnikuda umrbod Siznu kutushga rozu edum. Lekin bir kun... qoʻrqqanum qoshimga keldu. Bilub-bilmay qilgan qaysu gunohlarumga — shirun oshum zahar boʻldu; tinchligumiz buzuldu. Kimdur yetkazganmu, nozir surishtirub keldu. Emushki, bu xonadonda sarhaddan oʻtub kelgan odam yashayturganmush, roʻyxatdan oʻtmasam, boʻlmasmush, falon joyga borsin ekanmushman.

Xolamoyi Nusrat pochcha bilan maslahat qilgan ekanlar:
— Bekorlarni aytibdi, xomtama boʻlmasin! Kelsa, menga uchrasin. Darvozani zanjirlab yuringlar. Juda qoʻymasa, don hujraga kiritib, keyin ochinglar, — debdular.

Oʻsha eng chetdagi eshigi hamisha qulflog‘liq turadurgan don hujrada, koʻrgan boʻlsangiz, tandurdan katta-tandurdek xumlar koʻmug‘liq ekan. Oʻshalardan bittasuni artub-surtub ichiga govrapoʻsh toʻshab berishdu. Birov eshikdan qistab-chaqirub kelsa deng, men boya-qish — Sizning juftu halolingiz oʻshal oʻraga tushub olaman. Ustumga esku-tuskularni tashlab, yopub tashlashadu. Ana, shu goʻrdan qorong‘u oʻrada jon hovuchlab oʻlturishlarimnu koʻrsanguz. Bir kunda necha martalab tushib chiqardum, oʻlub-qutulardum.

Bir gal deng shoshganumdan yalangoyoq qochub kirgan ekanman, balkum kavushum qaerlardadur tushib qolgandur, ishqilib xumga tushub boshumga girdum patnusni tortub, xum ustini berkitganumniyu choʻnqayganimnu bilaman, tovonimnu bir nima jaz chaqub, jonum boshumdan chiqib ketayozdu. Hushim og‘ub oʻltirub qolubman. Keyun bilsam, jonholatda sapchub ketganumda boshum girdumga urilib, esum og‘ub qolayozgan ekan.

Haytovur, xolanguzlar yugurib kelub, tortib olishdu. Qarashsa, boshmaldoqdayun chayon tushub qolgan ekan. Koʻz oldumda oʻldirib tashlab, chayon chaqqanda oʻqiladurgan duolarni oʻqishdu, toʻpig‘um tepasidan sirib bog‘lab, tabib kampirni chaqirib chiqishdu. Oyog‘um loʻqillashiyu jonum og‘rishudan oʻtirub-oʻtirolmayman, yurub-yurolmayman. Xun-xun yig‘lab, shishub ketubman. Musofirluk oʻlsun, koʻz oldumdan siz, dadam, oyim oʻtaverasizlar. Xuddi chaqirsam eshitadigandek joyda turibsizlar. Dadam Sizga nimalarnudur tayinlayoturlar, uqdirayoturlar. Oyim ora-chira koʻz yoshlarinu artub, bir chekkada turubdular. Nima boʻlgan, yo meni oʻldu deb eshitishganmu — motamsaro maslahat qurishadu. Siz hech boshingiznu koʻtarmay-la, yerdan koʻziznu uzmay-la turibsuz. Bu nimadan belgu ekan, deb qoʻrqub ketyapman. Oyi, Sultonmurod aka, deb baqiray deyman-u, ovozum boʻg‘zumdan chiqmaydu. Xun-xun yig‘layveribmu — ovozum chippa bitgan.
— Ana, boʻldi, qoʻrqma, qizim, Xudo xohlasa, ana shu narsa zahrini sug‘urib tashlaydi. Yaxshiyam tovonga toʻg‘ri kepti, boshqa joyni chaqqandanmi, koʻp ovora qilardi. Qoʻrqma, Xudo asrabdi. Olloh oʻzi g‘amxoʻr, bu yog‘iga ham kushoyish bergay, — deb tabib kampir ixray-sixray chiqub ketdu.

Chindan ham bir uxlab tursam, suv-suv terlab, yengil boʻp qopman. Oyog‘umdagi boyagi og‘ruqlar ham allaqayoqqa chekilgan. Faqat boya, sizlar koʻzumga nega koʻrundungiz — hech tushunolmayman.

Shu-shu birov kelsa ham qochirmaydurgan, xumga yoʻlatmaydurgan boʻlishdu.
— Xudo olsin, nozir-pozirini. Rahmatullaxonga ayting, hoy Sanobar, bitta qoʻng‘iroq qilsa, yoʻlamaydi-qoʻyadi. Qachongacha oʻz kelinuvzani yashirib oʻtiravuz, — dedilar xolanguz.

Nozir kelishinu toʻxtatganu bilan orqasidan — qaerdan eshitishgan oldinma-ketin bir sovchilar bosishga tushdu. Birini joʻnatub ulgurmay, ikkinchisi darvoza qoqib keladu.

Xolanguz menu Muhabbat kennoyining uyiga qochirib qoʻyub, sovchilar bilan oʻzlari muomala qiladilar. Voy, qizimiza hali boʻy yetmagan, yosh bola-ku, aqlini sal tanisin aylanaylar, deydilar. Ular mening dovrug‘imnu qaerdan eshitishgan, bir koʻrmaguncha ketgulariyam, turgulariyam kelmaydu. Axiyri xolanguz boyaqish, tepadagi uyda kizakka tepchiq urib oʻtirgan Minavarxonnu oynadan koʻrishga ijozat etadular va:
— Boʻyi yetib, joyi chiqsa, uzatmay qayoqqa boravuz, aylanaylar, shu yolg‘iz qizimiz, — deb ularning tarvuzlarini qoʻltuqlaridan tushirib, chiqarub yuboradilar.

Chiqarub yuboradilar-da, pochcha kelganlarida yuzlari ipakdayin mayin tortib, kula-kula aytib beradilar.

Ana shunday qish kunlarining birida yana bir xolanguz oʻg‘ilchalarinu yonlariga olib, daladan tushib qoldular. Va men bechoraning joniga aro kirdilar.

Bu haqda kelasi gal yozarman. Negaki, men Ollohning xohishiyu madadi ila jannatdek joylar — otalarivuz yurtiga borub qolgan edum, baxt-iqbolum toʻluq boʻlishi uchun yolg‘iz siz yetmasdinguz. Ollohdan saharlardayu joynamoz ustlarida yolg‘iz soʻraganum Siz edingiz. Siznu yetkazsa, bir kun, bir soat boʻlsa-da, koʻrgazsa bas edu. Kelung, yaxshisi, undan keyingu voqealarni boshqa kuni bita qolay. Oldi xoʻrozlar qichqira boshladular. Tahajjudumni oʻqib ola qolay-da, men ham yota qolay. Tushlarumga kirarmukansiz deb irim qilub, xayr demadum.

Zavjai jamilangiz — Mahfuza

DARVOQE: kechagida xolanguz aytib qoldular.

Kimki juma kechasi tahoratli holda yotayotub, sevimli payg‘ambar sollallohu alayhi vassalamni tushda koʻrish niyatuda «La havla vala quvvata, illa billahil aliyyul aziym» duosini oʻttiz uch marta oʻqusa, albatta, koʻradu emush.

Qanday yaxshu!

Olloh oʻzi kechirsun, oʻshal tobda xayolumga Siz kelubsiz. Shunday duo boʻlsaki, uni ming marta oʻqub, suy-gan kishingni tushda koʻrsang, umrum boʻyi oʻqugan boʻlur edum.

Negadir tushlarumga ham kirmay qoʻydungiz, uch oylar boʻladur shunga ham...

Turdum.

Goʻzal Ajr (mahfuz xatlar davomiga)

Qaydanam oʻsha botur biznu qoʻrg‘onni qora tortub keldu? Siznu uchratdum: Yusuf alayhissalomnu koʻrib, jonu jahonuni unutgan Zulayho yanglug‘ bir holga tushtum?!

Qaydanam Siznu deb koʻz ochub koʻrgan diyorumiznu tashlab chiqtum? Dorilomon bir yurtga borarkanmuz, deb, boshim osmonlarga yetdu? Oyning oʻsha yorug‘ oʻn beshi shunchalar qisqami edu?

«Innalloha ma’as-sobiriyn». Endu yolg‘iz duom — tilimdagi kalima shuyu suyanganum Olloh. Goʻzal ajrga umid tutub, chiroyluv sabr etmoqdan boʻlak nimam qoldu?

Shunday deyman-u, lekin judolikning oʻzu nimadan boshlanib edu? Nahot baxt va baxtiqarolik yonma-yon, egiz yurgay? Ayrulmoq uchun topishub edukmu? Baxtumiz kimga koʻp koʻrindu? Nimamuz, qaysu amalimuz Ollohga xush kelmadu?

Avval-boshda qay sababdan topishtirdi-yu, yana ne sababdan ayurdu? Judoliqda imtihon etmoq uchunmu?

Jonu jahonum, topub yoʻqotganum, qaylarda qoldiz? Biznu bu yoqlarga yuborub qoʻyub, oʻziz qay diyor, qay sarhadlarda qolub ketdiz? Yumushlaringiz butmab edimu? Bundanam zaril ishlaringiz, oliy yumush — kurashlaringiz bormudi? Nega hech mujda yoʻq? Orqadoshlaringiz tashvishi ila yurgan boʻlsangiz, maylu-ya, lekin va’dalaringiz qanday — ota diyorga qaytub osuda yashamoq edi-ku! Yana nima boʻldu, fikringizdan qaytub qolibsuz? Menga aytolmab edingizmu barcha-barchasini? Nimalar mone ekanun?

Kishining ich-ichida, yurakkinasi tub-tubida nima bor — bilavermas ekansizmu? Balki ushalmagan niyatlaringiz bu tomonga qoʻymasmu, yoʻl bermasmu? Men ojiza ne qilay — shu xayollarga-da boraman. Shaytonning vasvasalari, visir-visirlariga uchaman ba’zan. Ammo u kungi voqeani qiyomatga qadar, koʻzim ochiq ekan, tanamda jonum bor ekan, unutmam, unutolmam.

Oʻsha kecha ne kechganini siz bilmaysiz. Chunki behush edingiz, eslab qoladigan holda emasdingiz. (Xudo hech kimga koʻrsatmasun, u holga tushmoqnu, chindanam harb maydonuda og‘ir jarohat yeb yiqilib qolgan mujohid— xiyla uzoqdagi bir qoʻrg‘onda — birovning yertoʻlasida paydo boʻlib qolsa, yetti kun deganda hushiga kelsa, qandoq tushunmoq kerak uni? Kim shuncha joydan bu yerga ortmoqlab keldiyu, oʻzi qayga yoʻqoldu? Qolaversa, kim edi u? Qaysi yaxshiligiz evaziga qutqarib edu? Nima bu, taqdirda borimu yo Ollohning xohlashi?

Bari sizga qorong‘u. Nima tufaylu, kim tufaylu shunday boʻldu — Siz unchalik ham bilmaysiz. Lekin men shohidman. Oʻz koʻzum bilan koʻrganman u boturnu. Shu boisdan ham Sizga ma’lum etib qoʻymoqnu lozim koʻrdum, qolaversa, oʻsha voqeanu eslasam, ilohiy bir bashoratday tuyulaveradu. Kimga aytay? Sizdan boʻlak kimim borki, aytsam, Sultonmurod aka?

U sizga kim eduki, buncha mardliklar qildu? Oʻzini fido etub qutqarmoqqa urundi? Men bilmayman, balki, jon oʻrtog‘ingizdur, birodaringizdur. Lekin tug‘ishgan jigarlar qilolmagay bu jon fidolikni qip-ti — u. Sizdan ham shu tarz fidoliklar koʻrganmu- di yo? Kim edu oʻzi?

Shuni bilmoq umiduda, qolaversa, Sizdek bir boturni biznikiga yetishtirgan, bizning topishuvimizga-da sabab boʻlgan odamni bilgim kelub, bitmakdadurman bu soʻzlarnu. Tokim Olloh bergan ne’mat — muhabbat ne’matining-da sababchisinu unutmayluk, duolarimizda eslab yurayluk.

Koʻz oʻngimdadek turibdu oʻsha kechasigu voqea. Biznu titroqqa solub, bir olam qoʻrquv-tashvishlar olib kelgan oʻsha kecha. Hoji dadamiz kechalari taxajjudga turadirgan odatlari bor edu, tursalar bog‘ eshik tomondan ixrashmu, ingrashmu — tushunib boʻlmas tovushlar kelayotir emush.

Subhonalloh, deb yaqin borsalar — ne koʻz bilan koʻrsunlarki, yertoʻla darchasi tagida ikki qora jon talashub yotganmush. Esxonalari chiqub, hoy-huy bilan kelub qoldular.
— Hoy, chiroqnu yoq! Oʻg‘rimu kim tushubdi. Boʻl! — deydilar. Qani biz turib, gugurtni topolsak, chiroqnu yoqolsak.
— Voy, nega tushadu? Tashqarudagilar-chi, qayoqqa qarabdu? — deb titrab-qaqshaydilar oyum.
— Shomgi otushma esingdami, balki oʻshalardan kim adashib-uloqibdimi. Yoqa qol, qarayluk, — dedilar dadam axiyri oʻzlariga kela boshlab.

Chiroqnu yoqib chiqub borsak, oʻsha ahvol. Biri hushidan ketub yotuptu, oʻlukmu-tirik bilmaysiz. Boshqasu koʻksuni ushlab g‘ujanak boʻlub olgan. Ingrab tebranadu u yog‘i yoʻq.

Odam chaqirmayinam bir amallab, yertoʻlaga joylabmuz.
— Birov bilmay qoʻya qolsun,— deb Hoji dadam una-madular.— Ertalabgacha Alloh hafiz, keyin Mirza buvani chaqirarmiz, — dedular.

Biraviga toʻrdagi eski sanduqning ustidan joy ochduk. Unisi toʻlaning tokchasiga yotqizildi. Boyaqish yutoqub bir kosagina suv ichib edu, «vo-oh, oʻzingga shukr» deb turib jim boʻlib qoldu, qoʻrqub ketupmiz. Oʻzi esa qora qoniga belangan, qoʻltig‘udan qoʻlini olmasdu.
— Voy xudoyim-a, men bularni kim deb oʻtiribman. Aniq oʻshalar-ku, Boturning yigitlari-ku. Kechagi otishmada nima boʻlibdi, shuncha joydan yetib kelishibdi? Yana bu ahvolda? — derdular Hoji dadam. Bu yog‘iga endi nima qilishnu bilmay gangub qolgan edular.
— Boʻldi, chiqunglar. Chiroqnu ham opket, — dedular axiyri va biznu haydashga tushtular. — Chiq, chiq. Odam bolasi chiroq-pirog‘ingni koʻrmay qoʻya qolsin. Shuncha yerdan yetib kelgan, endiyam oʻlmaydi. Alloh, oʻzi asraydi,— deb yertoʻlanu qulflab bizni uyga kirgizdilar-da, oʻzlari tabibga otlandular.
— Azon aytgunlaricha qaytib kelaman. Sizlar miq etmay oʻtiringlar. Alloh kechirsin. Cholga ham qizimiz isitmalab qoldi, deya qolaman, — dedular.

Nima boʻlsa, kechasu sodur boʻlmasun ekan. Hech titrog‘umiz qolmasdu. Mujohidlarning oʻzlari esa koʻz oldumizdan ketmaydi. Qay biri qay birini ortmoqlab kelibdu ekan? Qora qoniga belanganimu yo hushidan ketgani? Aqlimiz yetmasdu.
— Unisinu koʻrdizmu, oyi. Chakkasiga nima qilgan, yorilganmu? — derdum hadeb. Koʻz oldimdan oʻsha tirtiqdan oqub tushib, quloq yumshog‘i tomon burilib ketgan qon ketmaydu. Xuddi bir g‘aroyub belgu kabi.
— Koʻrdum, bolam, koʻrdum. Alloh orqasini mahkam etsin-u, boʻzdek oqarub ketibdu, boyaqish. Tabib kelguncha tortsin-da, — deydilar oyum achingandan achinub.

Men ham charsman. Birov achinsa, oʻshaning qasdiga duo qilishga tushaman. Hozir ham ichimda oʻsha boyaqish nomidan «Hasbiyallohi laa ilaha illahu alayhi tavakkaltu»ni oʻqir edum. Shu duoni yetti marta oʻqilsa, Olloh oʻzi balo-qazodan nari qiladumush.

Tavba, shu duoni oʻqiganum sari koʻz oldumdagi suvratinguz oʻzgarub borar edu: chin soʻzim, quloq yumshoqlaringiz tomondan yuz ruhlaringiz tomon bir qirmizi qizillik yugurgan eduki, bunga sari oʻzim hayratga tushardum. Tushardum-u, duoni tilimdan qoʻymasdum.

Bir vaqt qarasam, binoyi xushsurat botur yigit... halugi chakkasidagi — alif shaklidagi ajab chanduq ham oʻziga yarashib turibdu (Botur chandiqsiz boʻlarmu, axir! U ham koʻrk insonga!).

Koʻz oldumdagi suvratdan esum og‘ub qoptu1. (Bilmadum, Zulayxo holiga oʻshanda tushib edummi, yo keyin- mu — hech esimda yoʻq. Balki keyun ham shu suvratda koʻrib, yoqtirub qolgandurman).

Darvoqe, kim toʻg‘risida yozatib edum? Sizning xaloskoringiz haqida edu-ku.

Bir mahal tashqi darvozamuz og‘ur g‘iyqullab, zanjirimi — bir nima shildiradu. Soʻng ichkaru hovlumizdan g‘oʻng‘ir-g‘oʻng‘ir tovushlar kelub boshladi. Biz jon hovuchlab oʻtirub eduk.
— Chiqub boq-chi, — dedilar oyum.

Ostonaga chiqishumla mahallaning tepa masjididan soʻfi ota azon chaqirub yubordular. Uzoq-yaqindagu xoʻrozlar esa, unga oʻz tillarida tasbeh-qichqiriqlaru bilan joʻr boʻlishar, tong yorishmagan, hammayoqnu tun pardasi qoplab yotar, u hali tonggi g‘ira-shira bilan almashinib ulgurmagan, osmonning allaqanday toʻq koʻkishdan ham qoraroq bahmali yuziga sochub yuborilgan inju yulduzlar koʻk poyloqchusi tomonudan terib olunishga tushmagan edu. Tepadan bir juft moshak qushmi, nima — uchub oʻtar edu. Oʻn qadam naridagi odamniyam tanub boʻlmas, tusmollash mumkun edu, xolos. Aynuqsa, yurganda enkayub qoʻllariyu jussasi qaltirab-saltirab, allaqanday omonat — entak-sentak qadam tashlaydurgan Mirzavoy otani bir qarashdayoq tanimoq mumkin edu. Aftidan Hoji dadam namozgacha qoldirmay uni boshlab kelmoqda edular.
— Hoy, opoq qizim, chiroqni olachiq, — dedilar koʻprikdan oʻtayotib.

Hovlumizdan bir ariq suv aylanub oʻtub ketar, har yerida panjarali koʻpruklari boʻlar edu. Ular oʻshandan oʻtub ombor tomon yurmoqda edular.

Chiroqnu opchiqub borsak, bizni qaytarub yuborub, oʻzlari yertoʻlaga tushub ketishdu. Biznu yoʻlatishmadiyam. Ammo bir narsa soʻrab qolishadimu deb qaltirab turubmuz.

Yoʻq, soʻrashmadu. Chiroq nuri darcha tagidan siljib, g‘oʻng‘ir-g‘ung‘ir birla qayta boshlashdi. Chiqib ayvonumizda ikki rak’atdan namoz oʻqishdi. Ollohga duo-iltijolar qilib turishguncha tong ham otdu. Qoʻllarini bellariga tashlab enkayib yuradurgan Mirzavoy ota oʻsha ayvonning oʻrtasiga oʻtirvolib: «Hoy, poʻpoch qizim, moʻmoch qizim, uni opke, muni opke» qilib buyira ketdilar. Hovonchamuzni opkelib berdim, ichida jimit yanchgichi bilan. U kishi oyoqlarinu uzatub, oʻtirib olganlar. Hali belbog‘larinu yozdiradilar, hali jindek suv opkeltiradilar. Uchub bajarub turibman. Qoʻng‘ir chakmonlarining hali u, hali bu choʻntagidan og‘zi boʻg‘ma eski xaltachalar chiqarib, uni ochub bir nimalar oladilar. Hovonchaga jindek-jindek solib, toʻq-toʻq tuya ketadilar. Mushk hidlarimi-ey, tog‘ oʻtlarining islarimi-ey gurkiraydu havonchamuzdan. Menga beraqoling desam, unamaydular.
— Yoʻq, moʻmoch qizim, duo olmagan kishiniki em boʻlmaydi. Avval mendan duo ol, hunarimni ol, keyin. Olasanmi? — deydilar boshlari, unga qoʻshilib yelkalari, butun vujudlari titrab-qaltirab. Men nima de-yishumni bilmay iymanub qolaman. Oʻzumnu allaqanday sir bosadu.
— Sir bosmasun, moʻmoch qizim, Olloh yuqtirsa hech gapmas,— deb havonchanu toʻqillatishga tushadular. — Biz ketyapmiz, Sizlar qolasiz. Opqolish kerak, qizim, opqolish. Manavunaqa paytlarda asqotadi.

Bir soʻragum kelyaptu, bir soʻragum kelyaptu, qani tilim aylansa. Axiyri botinub-botinmay:
— Ular turib keta oladimu, buva, — deya oldum.
— Turmay nima, avvalo, buvangni qoʻlini Alloh yengil qilsin. Oʻzi qoʻllasa, hech gapmas, — dedular u kishi. Keyin oʻsha malham iylab oʻtirishlaruda qoʻshib qoʻydilar,— Alloh birini-biriga esh qilibdimi, shuncha joydan ortmoqlatib-surgaklab keptimi, bir hikmatiyam bor. Oʻziga kelmay, shahid ketadurgan boʻlsa, oʻsha tog‘ tagidayam qolaverardi.
— Unisu-chi? Qaysi biri opkelgan deysuz, buva? — deb yuboribman.
— Aftidan berigisi. Koʻksi bunday... yo jon halpida kuchga kirib ketib, yo tishni-tishga qoʻyib yetkazib kelganu yotib qolgan. Mardning ham mardi ekan. Oʻzi bu ahvoldayu birodarini harb maydonidan opchiqibdi, — har kimga ham nasib etsin-chi! Oʻlayotib ham birovga jon fido qilib ketish deyiladi buni, qizim.

Koʻzlarumdan tirqirab yosh chiqib ketubdu.

Keyin har ikkingiznu ham yuvub-tarab, malham bog‘lab ketishdu.
— Allohning panohiga!— dedilar buva,— asrdan keyin xabar olarman. Ungacha bir gap boʻlsa, chaqirasizlar.

Oʻsha kuni tinch oʻtdi-yu, lekin tunda uyg‘onub ketsam, oyum oʻrinlarida yoʻqlar. Ichum hapriqub, hovliga tushub borsam, yertoʻlada chiroq koʻrinadu. Oyum ham, dadam ham oʻshatta ekanlar.

Oʻsha jon halpida yotgani og‘urlashub qoptu.

Eshikdan moʻralasam, dadam koʻzlarida yosh, chiroq ushlab turibdilar. Oyum uning boshini tirsaklariga olub, suvmi, nima tutyaptular:
— Ich, bolam, ich, hovringni olsin, — deb yalinadular, yalpog‘lanub yig‘laydular, — Nima, bolaginam, tanimadingmu, menman-ku, onajoningman-ku. Sanga nima boʻla qoldi? Shuni ich, yengil tortasan, temirga suv berganday rohat topasan, — deb yolboradular-u, koʻzyoshlari bilaklariga, unga qoʻshib, qoʻllaridagi suvga toma-yotganuni sezmaydular.

Axiyru u tishlari takillab bir qultumgina ichdiyu:
— Vo-oh, oʻzingga shukr, — deya boʻshashib tushdi.

Oyum boshini yostiqqa qoʻyarkanlar, dadam borub qolgan menuyam koʻrmay koʻzda yosh bila shivirlab kalima keltirar edular. Shunda haligi botur betoqatlanub ularga alanglay boshladu, bir nimalar deya boshladu. Anuq eshittum:
— Xayriyat, yetib kepsiz. Koʻrsatdi ruxsoringizni. Gunohlarni yuvgani kelub... qaytolmagan Chochol darbadaringizni kechiring, — dedu bazoʻr yutunub. — Niyat oʻzi shundoq edi, jilla qursa, shahidlik sharobini ichmoq edi. Ichdim shekilli. Duo qiling, jannatlarda koʻrishtur-sun, La iloha... — dediyu shivirlab boʻlsa-da, nozandek gapirub turgan odam... boshini bir yonga tashlab, oʻta qoldu, tavba...

Ana, Xudoning yozmishi!.. Boʻlmasa, kim oʻylabdu, shuncha joydan burodarini ortmoqlab kelgan odam tabibga yetishganuda oʻtadu deb?!
— Boyaqish, onaginasiga intiq boʻlib, uzilolmay yotgan ekan, rozi ketti. Ilohim, rahmatiga olgan boʻlsun. Ruhini yashil qushlarga joylasun, — deb oyim yum-yum yig‘lar edular Oʻksilarini tutolmasdular. Uning oti rostdan ham Chocholmidi1 yo bizga shunday eshitildimi, bilmasdum men.

Rostuni aytsam, mening ham esxonam chiqib ketgan, yertoʻla tokchasiga suyangancha oʻtirib qolgan edum. Qoʻlimdagi chiroq esa og‘ib, piligimi, nimasu soʻxta tortib, chirsillar, shishasining bir yonu tamom qorayub borar edu.
— Tur, chiqdik, qizim. Mirza buvani aytib kelasan, — dedular oyum nihoyat, — unisini ham xudo koʻp koʻrmasun.

Shunda sekin qaddumni koʻtardum. Qarangki, chiroq faqat Siz tomonni yoritib, bu yoqlarga allaqanday xira soyasuni tashlagan, behi hidlari gurkiragan yer-toʻla ichi g‘alati holga tushgan edu. Siz esa, toʻrdagi oʻsha sinduq ustuda (dadamning koʻk toʻnlariga oʻrab qoʻyilgancha) miq etmay yotibsiz. Yuzlariz oppoq boʻzarub ketgan. Jon asari koʻrinmaydur. Goʻyo... oʻz xayolumdan oʻzim qoʻrqib ketayotgan edum.

Chiqsak, tong boʻzarub qoptu, ufqni ulkan qoʻtosdek toʻsib yotgan qop-qora Tangritog‘ teppasida yolg‘iz yulduz — charaqlaydu. Uni yaxshilik alomati hisoblab, tabibnu aytib kelgani keta boshlab edum, darvozamiz ochilub, u kishining oʻzlaru koʻrindular. Tabibni bizga Xudoning oʻzi yetkazgan edu.

Bu voqeani eshitub u kishi sekin choʻkdilar-da, gilos tupiga suyangancha yuzlariga fotiha tortdular. (Mening eshitganum shu boʻldu):
— «Inna lillahi va inna ilayhi rojiun» — deb turib, qoʻshib qoʻydular, — Vazifasi shu ekan, oʻtab, Alloh dargohiga qaytibdi. Qaytganda ham goʻzal ajr bilan qaytibdi, insha Alloh, — dedilar-da, negadir menga qarab, yana qoʻshdilar, — qoʻrqma, qizim, endi bunisi uzoq yashaydi.

Siz bu voqealardan bexabarsiz, Sizga og‘iz ochishmagan edu, Sultonmurod aka. Uni huv keyin, mavridi bi-lan aytish menga buyurilgandi. Men ham ulgurmadum. Uzr. Endi ochdum bu tarixni. Asli oʻzi kim edu, u botur?

Addoi Mahfuzangiz

Kattabog‘. Asli ona oʻrnuda
xolajonungiz — Salomxon

kichigoyum xonadonlari.
* * *

Men xatni eshitib oʻtirib xomush tortib ketgan ekanman, xotinim koʻrib, shoshib qoldi:
— Voy, adasi, nima boʻldi?
— Yoʻq, oʻzim, — deb kalovlandim men.
— Biron joyi mundayroq ekanmi?

Men unga qanday tushuntirarimni bilmay, oʻng‘aysizlandim:
— Bilasizmi, oʻsha Chochol degani, Xudo rahmat qilsin, ammamizning oʻg‘illari boʻlardi.
— Oʻsha birodarini qutqarib, oʻzi shahid ketgan kishi-ya? Siz u kishini... bilarmidingiz?
— Bilganda-chi, — dedim koʻzim namlanib kelib. Bu tarixni bir og‘iz soʻz bilan tushuntirib boʻlmasdi. Shuning uchun sekin turib tokchadagi esdalik narsalar ichini titkilay ketdim. — Qaerdadir uning akamga yozgan xati boʻlishi kerak, asrab yurardim.
— Qaysi akangiz? — dedi xotinim hayron qolib.
— Qaysi boʻlardi, Sultonmurod akamga-da, — undan boʻlak kimimiz bor, demoqchi boʻlardimu aytolmasdim. — Hatto oʻsha tangritog‘lik kennoyimiz ham bu tarixlarning boshini bilmaydi, — deb qoʻydim.
— Shunaqami?
— Shunaqa. Ha, mana, turgan ekan. — Xatcha oʻsha ikki buklangancha suvratlar orasida edi. Olib qaytdim. Oʻzim ham g‘alati majxul holga tushib uni oʻqi-moqqa boshladim. Oʻsha Turg‘un chochol yozar edi...

«Men oʻsha dardisarman, oʻzing izvosh topib, Arpapoyaga yetkazib kelgan. Rahmat, uka. Tanimagan-bilmagan g‘animingga shuncha odamgarchilik qipsan? Kezi kelsa, jigar jigarga buncha yaxshilik qilolmaydi. Bir qorindan talashib tushganlar qoʻllay olmaydi shunchalik! Sen qilibsan!

Avvalo, nomimni eshitsalaroq doʻxtirlari oyoqqa qalqadigan joyga yetkazib kepsan. Boshqa joyda oʻlib ketsam, birov bilib-birov bilmasdi. Bu yerda harqalay Turg‘un chochal nomim bor, butun Beshog‘och daha, u yog‘i Qoratosh, bu yog‘i Xadra taniydi. Meni oyoqqa turg‘azmay kimni turg‘azishsin. Qolavursa, Qoratoshga surishtirib borib, volidai mehribonimizga xabar berib ketibsan. Eshitib, koʻp ta’sirlandim!

Men kim edimki, Xudoyim mening ishimni senga tushiribdi, marhamatli odamlarga yoʻliqtiribdi? Axir, sendan boʻlak bir kimsaga roʻpara qilsa ham, it oʻlimida oʻlib ketsam ham haqi bor edi. Nega asrab qoldi? Panoh beryapti? Ochig‘ini aytsam, keyingi vaqt-da shunaqa g‘aroyib voqealar boshimdan kechdiki, nimalar boʻlyapganiga ba’zan aqlim bovar qilmaydi. Men nima topshiriq bilan orqangdan ergashib chiqdim-u, oʻzim nima boʻlib qaytdim? Yorug‘ kunda, kuppa-kunduzi seni qanday yoʻqotib qoʻydimu oʻzim oʻsha qoʻrg‘on atrofida gangib-oʻralashib qoldim?

Kaltakni yeb-eb, keyin qutulib ketishim-chi? Qoʻrg‘on egasi, anuv cholning Hizrday yetib kelib, ajratib olishi-chi?

Hammasi tushga oʻxshaydi, bizning aqlimiz yetmaydigan bir narsalarga oʻxshab ketadi. Xudoning oʻzi yorlaqadi shekilli, sen mening changalimdan qanday qutulib ketding, men esam koʻrga oʻxshab seni koʻrmay qolavurdim? Oʻzim qazgan chohga oʻzim qulab, qonga belanib yotganimda yana sening yetib kelishing-chi? Qanday tushunish kerak?

Rostini aytsam, bu yoqqa chiqarishmasidan sal burunroq g‘aroyib bir voqea sodir boʻldi. Unga ham haligacha aqlim yetmaydi. Bizni yarim kechada uyg‘otib, oʻlim kamerasida yotgan bir mahbusning yoniga kiritib yubordilar.Yarim tun boʻlgach, oʻzing tushunib olaver. Bekor- ga kiritmaydilar. Bilamiz, hukm ulardan, ijro bizdan.

Kirdik. Eshik sharaqlab berkilib, qadamlar uzoqlashib ketdi hamki, yo tavba, men joyimdan jilolmay, oʻzimga kelolmay turibman. Qotib qolibman.

Qarshimda birov... nega birov boʻlsin, otam rahmatlining oʻzginasi! Qiblaga qarab namoz oʻqib oʻtiribdilar. Boshlarida oʻsha oq toʻr doʻppilari, oq oralagan soqollaridan, kulcha yuzlaridan nur yog‘ilyaptiki, qoʻyaverasan. Tag‘inam sal qiya oʻtiribdilar. Bir yuzlariniyu keng yag‘rinlarini qoʻrib turibman. (U kishi shunaqa yaqrindor edilar.) Oʻsha-oʻsha basavlatlar, hech choʻkmabdilar. Unday desam, oʻtganlariga qancha zamon boʻlyapti. Asta’firulloh, odam odamga shunchalar oʻxsharkanmi, deb yoqa ushlayman. «Kimni bizga roʻpara qilish-yapti? Nahot biz oʻz otamizga oʻxshaganlarni?..» dedimu seskanib ketib, jon holatda sherigimning tirsangidan ushladim.
— Oʻtir, oʻtir, ovsar, birov namoz oʻqiyotgan paytda tik turmaydilar.

Qayoqdan bu gap xayolimga keldi, oʻzim bilmayman.

Choʻkdik. Qari mahbus esa, xotirjam namozini oʻqiyapti. Turarkan, egilarkan, sajda qilarkan, shivirlar, har «Allohu akbar» deyishlaridan meni sir bosib, sehr-lanib borayotibman. Tavba, ovozlari ham ayni! Otam ham koʻksilaridan chiqarib, shunday chiroyli takbiru tasbeh aytar edilar... Balki koʻpdan u yoqlarga qaytmaganim, azbaroyi uydagilarni sog‘inganimdan bu odam otam boʻlib koʻrinayotgandir? Ovozlari oʻxshab ketayotgandir?

Bir mahal sherigim hansirab, shipshib qoldi:
— Namozda teginolmasligimizni bilib, oʻtiravuradi shekilli?..
— Oʻ-chir! — dedim biqiniga turtib va shu zamoni bir vaqtlar eshitganim Hazrati Alining qotili haqdagi rivoyat yodimga tushib, seskanib ketdim.

Vo darig‘, bu rivoyatni bolaligimda shu otamiz aytib edilar. Yodimga tushgan mahalini qara!

Hazrati Alining asrab olgan oʻg‘ilchalari boʻlgan ekan, deb aytib oʻtirar edilar otam. U hech yonlaridan jilmas, hatto namozga turganlarida ham qoʻndoqdek boʻlib qavatlarida oʻtirar ekan.

Ana shu bola bir kuni:

«Ota-ota, sizdan kuchlik kimsa bormi?» deb soʻrabdimish.

«Yoʻq», debdilar u zot.

«Nega?» debdi bola.

«Xudoyim meni shunday yaratgan. Shohi Mardon nomim bor, bilasan».

«Demak, qilich ham olmaydi sizni?»

«Olmaydi», debdilar hazrat.

«Nayza ham oʻtmaydi?».

«Oʻtmaydi, bolam».

«Mumday erimaysiz hech?» debdi asrandilari.

«Eriyman ba’zan», debdilar Hazrati Ali.

«Qachon, ayting?»

«Namoz payti, boʻtam. Faqat namozda mumday erib oʻtiraman. Undan boʻlak vaqt ovora boʻladilar...» deb jilmayib qoʻygan ekanlar.

Qaraki, shu voqeadan qancha oʻtib, u kishining dushmanlari xonaqohda pichoqlab ketishga muvaffaq boʻlishibdi1. Shunga oʻxshab, biz ham bir moʻminni namozda oʻtirgan kezida pichoqlab, qotil qavmida ketarkanmiz-da? Shu oʻydan, senga yolg‘on, Xudoga chin, moʻylarim tikka boʻlib ketdi!

Xullas, u namozini tugatib qoʻzg‘aldi. Biz salomga shoshildik. Basavlat qariya ekan. Yaqinimizga kelib oʻtirdi. Biz unga tig‘ tugul, qoʻlimizni tekkiza olmadik...

Ertasiga eshitsak, qoʻliga hukm qog‘ozini tutqazib, javobini berib yuborishibdi. Haligacha anglab yetolmayman: begunohdan begunoh kimsa oʻlim xonasiga qanday mahbus boʻlib tushdiyu qanday osongina qutulib ketdi? Shuning orasida bizga otam qiyofasida koʻrinib, lol qolganimiz-chi? Buni birovga qanday tushuntira olasan? Men-ku oradan yarim-bir oy oʻtib, bu voqeani unutgan ham edim. Ammo keyingi ishlar bundan ham oʻtib tushdi.

Boʻlmasa, jim oʻtlab yurgan ot... miltiq otganini kim koʻrgan? Bir chetda yotgan qirqmani bexos bosib olsa, kifoya ekan-ku, men qay oʻngirdan biqinib otdi, deb sherdek sapchib turib ketibman! Yoʻq, oʻsha Parping gunohkormas! U mening nomimni eshitgandayoq, hurmatimni joyiga qoʻyib, otdan tushgan, keyin biz tol soyasida, chimda yonboshlab, gaplashib oʻtirgan edik. Falokat ot tuyog‘i ostida ekan.

Hay, nima boʻlsa, peshonadagini koʻrdim. Muhimi, oxiri yaxshi chiqdi. Va men bugun bu yerlardan bosh olib ketmoqdaman. Qolib, aytganim-aytgan, deganim-degan boʻlib, yeganim oldimda, yemaganim orqamda, koʻzir boʻlib yurishim mumkin, lekin oxiri chiroyli chiqmasa, buning nima keragi bor?

Bu dunyo hayoti hammasi bir sinov, bir imtihon shekilli. Toʻg‘ri yoʻlni topsa — topdi, topmasa — keyini voy?.. Oʻsha «voy»ga qolmaslik uchun ham bu «doʻstlarim»dan aloqani uzib, qoʻl yetmas yerlarga ketayotirman. Sendan iltijoim, goh-goh onamizni yoʻqlab tur. Oʻg‘limning shunday doʻstlari bor ekan, deb koʻksilari oʻssin. Xayr.

Darvoqe, yolg‘iz oʻzingga gapim bor edi. Xatga qoʻsholmadim. Har xachir ot sanalmaganidek, har begonadan doʻst chiqmas. Afsus, bizning doʻstligimiz uzoqqa choʻzilmadi. Duolarimizda unutmaylik.

Turg‘un».
* * *

— Voy, uni qarang, yana uchrashgan joylarini qa-rang, — dedi Saida ta’sirlanib. — Oʻsha botur shu odammi?
— Har ish niyatga qarab-da. Kim oʻylabdi, Olloh bularni oʻsha yoqda topishtiradi deb, — dedim men undan kam ta’sirlanmay.
— Boyaqishni ajal haydab borgan ekan-da.
— Qayoqdagi gapni aytasiz? — dedim jahlim chiqa boshlab. — Har kim ham shunaqa oʻlim topib, shahidlik martabasiga yetsin-chi! Siz unga achinib ruhini ranjitmang. Uning ruhi duoda kelganday yashil qushlarga joylanib allaqachon jannatlarda yuribdi. Siz unga niyatiga yarasha imkon berilganidan hayratga tushing, — dedim.
— Imkon deysizmi? — dedi ayolim.
— Ha-da. Olloh yorlaqab, zoʻr imkon bergani shu-da. Boʻlmasa, ularni harb maydonida topishtirarmidi?! Boʻlmasa, akamni qutqarib, qarzini uzib, mardning ishini qilib, keta olarmidi?! Bunaqa jonfidolik har kimning qoʻlidan kelsin-chi! Kelmaydi.
— Unda... unda nimadan xomushlanasiz?.. — dedi xotinim.
— Xomushligim, — dedim ichim sidirilib, — bu xabarni endi ammaga qanday yetkazamiz ekan, deb. Axir osonmi, tiq etsa, yoʻliga termulib oʻtirgan odamga bu xabarni yetkazish! Yuraklari toʻkilib tushadi-ku.
— Shuni ayting, — dedi xotinim boʻshashib ham mahzun tortib.

Bu xabar bilan Qoratoshga kim ham bora olardi? Bir boʻlsa Nusrat pochcha yoki Sultonmurod akaginammi? Undan beriga kim ham ammaga yotig‘li taskin bera olardi?..

Buning uchun akam sarhad oshib keluvi lozim. Ammo qachon keladi, yolg‘iz Olloh bilgay.

Onaizorning Soʻnggi Iltijosi (mahfuz xatlar davomiga)

Assalomu alaykum, taqdirda bitilub, Olloh oʻzi yetkazganu! Meni oʻz diyorlariga joʻnatub qoʻyub, oʻzlaru oʻtarga imkon topolmaganum! Qachon kelgaysuz? Bu ayruliq Ollohdan boʻlsa, barcha-barchasuga chidagayman-u, ammo boshqasiga chidolmasman. Sabrum yetmas deb qoʻrqaman.

Yangiluk shuki, aziz qadamlaringiz yetgan, bizning diyorlarga ketmasizdan avval bir muddat yashab turgan joylariz — Kattabog‘ tomonlarni koʻrish, aziz xolajonungiznukiga mehmon boʻlub chiqish nasib ettu. Nega mehmon ekan?! Kelun boʻlib borish (ularniki bexavotirroq deb joʻnatishdu), siz turgan katta uylarda turib, u xonadonning hovlilarini supurish, kelinluk xizmatlarnu oʻtash taqdur etu. Ollohga ming shukrlar boʻlsun. Dugonalarumga oʻxshab kelunlik uyiga ega boʻlmadum, deb armonlar qilar edum. Uzatilib bormadum, yasatug‘liq uylarga tushmadum, kelinsalomlar qilmadum deb kuygan edum. Armonumga yetgandayman. Bir koʻp, bir ajoyib xolalaringiz (hammalaruning yuzlarudan nur yog‘iladi-ya! Boy ekansuz!), haybatlu-haybatlu tog‘alaringiz, benazur pochchalarungiz bor ekanlar. Hoʻ, oʻz kelunimiz ekan, jigarumizning topgani, jiyanumizning qoʻshog‘i, hurlardan-da afzal, parilarga mengzagulik ekan, Marg‘ubasidan qaeri kam, chinakam Mahfuza, Olloh hifzu himoyasida asragan ekan, deb bir yerlarga yetushlarinu koʻrsangiz. Alqashlarinu eshitib, hech yerga ishonmasliklarinu koʻrsangiz edu!

Faqat yonumda Siz kamsiz. Siz ham boʻlganungizda bilmadum, bu alqovlardan, bu baxtdan oʻzumni qaerlarga qoʻyar ekanman? Chindanam bunday xonadonlarga kelun boʻlub tushmoq, bunday izzatlu odamlarga xizmat qilmoq oʻzi baxt. Topilmaydurgan jigarlariz borakan, Sultonmurod aka! Siz og‘zingizdan bol tomub eslaganizcha, qoʻmsaganizcha bor ekan. Tezroq kelung, bunday baxtni hech yerdan topolmagaysiz. Jannatlardagina bu kabi pokiza kishilarga yetushmoq mumkindur. Sog‘intirmang jonum! Hammalaru ham sog‘inishgan, tildan qoʻymay eslashadi siznu. Siz bu yoqlarda qilgan ishlarni gapurib, u adolatpeshaligungizni qoʻmsab, bir yerlar yetishadu. Nega uzoqub ketdu, qaytsa boʻlardu deb duolar qilishadi. Sizday bir xaloskor, tog‘day bir suyanch lozim ularga. Shuning uchunam har qandayin yumushlaringizni, zarur ishlarungizni tashlab, ularning olduga, ota yurtga qaytmog‘ingiz lozum, Sultonmurod aka. Siz oʻzungizni unchalik bilmassiz, lekin bu yerdagularga, qavmdoshlarungizga qadrungiz oʻtibdu. Oʻzga yurtlarning qozisu boʻlguncha, oʻz shahruning tozusi boʻlgan afzal deb oʻtirubdilar Salomxon xolangiz, oʻsha Sizga onadek qayishguvchi kishi. (Axir xola ham onadir deyiladi-ku!) U kishuning soʻzlarini yerga tashlamassuz, axir?!

Men bu xonadonga kelub qolishumning yana bir boisi, Salom xolanguzning kenjalari — menung qaynum, Sizning ukajonungiz Maqsudxoʻja muhandislikka oʻqishga kirgan ekanlar, darsga yetub olush uchun xudoning bergan kuni tong-saharlab yoʻlga tushar ekanlar. Oʻsha pochchanikiga tushishgan kuni «voy, qancha joy kerak, hamma sig‘gan bu sig‘maydimi», deb Maqsudxoʻjani opqolushdiyu meni xolajoningizga qoʻshub bu yoqlarga joʻnatushdu.

Olloh oʻzi chevar-da, boʻlmasa, kim oʻylabdu menu ishonub joʻnatishgan joy qolub, siznikularni topaman, Kattabog‘larga chiqaman deb?

Voy, olamda shunaqa joylar ham borarkan! Qishnu kunida shunday! Qornu tagida koʻmulub yotganida shunday goʻzal! Bilasizmu, menga u shunaqa tanush, shunaqa yaqun, shunaqa jozibaluki, ilgaru-qachondur koʻrganday, shu yerlarda yashaganday, yoxud bir oʻtub ketganday boʻluvuraman, tuyulaveradu, lekin qachon koʻrganimnu, oʻtganimnu eslay olmasdum. Guzardan oʻtub, Kattabog‘ga boravurishda, anhor yoqalab ketgan yoʻl ikkita tepaliknu oshub oʻtar ekan. Faqat oʻsha tepaluklarga yetgandagina oʻsha suv, oʻsha anhor yoʻqolub qolaru tepa pastlashi bilan yana paydo boʻlub olar edu.

Mezanali birinchu tepadan oʻtganda uncha bilinmovdu, ammo ikkinchu tepadan oshishimiz bila u yog‘i pastlab ketgan soyligu dalalar boshlanub azbaroyi toʻxtab qopman. Bu qorlik qishning kunidagi bu bir tiniqlik-musaffolikmu uzoq-uzoqlarni ham shunday yaqinga, qoʻl uzatsa yetgudek joyga keltirib qoʻygan edu! Soylaru tepalar, undan u yog‘udagi dalalar, qator tolu tutqatorlar, ishkomli bog‘laru hovlu-joylargacha oldungizda turardu. Hammayoqda, olamnu qoplagan oqluk ustuda oftob nurlaru nimanu nimaga kavsharlayaptu — koʻznu qamashtirguvchi bir nurlar oʻynaydu, yonadu, yolqunlanadu. Koʻznu qamashtirsa-da, odamga xush yoqadu.

Faqat qanday soy ekan, ikki betkayiga kelub toʻxtaganu choʻkkan tuyalar karvonu ustinu qor bosganday va shu turushida kunbotarga qarab ketgan soyluk oʻrtasudan bora-borguncha bug‘ koʻtarilub yotibdu. Soy suvi parlanub yotubdumi, yengil tuman choʻzala tushganmi — ajratolmayman. Kattabog‘ deganu shunchalar goʻzal ekanmu?

Qor bosganinu aytmasangiz, jannatnu davomiday koʻrinardu koʻzumga. Balki siz tug‘ulub oʻsgan, chopub-chopqullab yurgan joylar boʻlgani uchun menga aziz tuyulgandur, koʻringandur, Sultonmurod aka. Lekin chin soʻzum yoʻllariz shunday jannatday joylardan ayro tushub, qay tog‘ oralaruda dovon oshub, oʻngur oshub yuruvingizdan achindum. Nima izlayursiz? Oʻshal izlagan narsanguzni shu yerlardan topabilmasmudiz? Nima monelik qildu bunga? Balki mening ojuz aqlum, qiz bola aqlum yetmas. Siz bilgan narsalarnu, hikmatnu chaqub ololmagandurman. Lekin baxtnu, albatta, uzoqlardan izlamoq kerakmu? U chindan qoʻl yetmas tog‘lar ortida, Koʻhiqofu Tangritog‘ tomonlarda qolganmu? Nima quvgan oʻzi Siznu bu diyorlardan? Taqdir etub, baxt izlab borgan boʻlsanguz, mana, men shu yoqlarga kelub turubman-ku! Oʻz oyog‘um ila topub kelub turibman-ku! Tinch-xoturjam umrguzaronluk qilaman degan odamga bundan ortuq nimayam kerak, Sultonmurod aka? Yolg‘uz odam olamnu oʻzgartira olarmudi? Agar Olloh izn bermasa, oʻzi sababchi etmasa? Yo siz oʻshandoq boʻlmoqnu istarmusiz?

Maqsudxoʻjalarnuki oʻsha tepadan tushib, qayrulishdan oʻtganda — katta nokzor olduda ekan. Qolaversa, oʻsha tepadan tushish bilan boya yoʻqolub qolgan anhor ham oʻng yoqdan chiqub kelardi-da, keyun koʻchani kesib yoʻlning bu betiga oʻtub olardu. Ana shu anhor boʻyudan har bittasi osmonu-haftumnu tutgan (tavba, qachon ekulgan ekan, biri-birudan qolishmaydu, azumki azum!) yong‘oqlar qatori boshlanib ketgan edu. Nokzorga yetub ham u yong‘oqlar tugamas edu. Salomxon xolanguzlarnuki ana oʻshatta ekan. Tepa tomoni keta-ketguncha devoldan oshub, koʻchaga moʻralagan bir surx novdali behularki, beixtiyor koʻz oldumga Saltanat xolanguznikida koʻrganum — dordagi sap-saruq behular keptu. Men uning hiduni shu yerdanoq tuyub turgandekman.

Ichi ishkom-bog‘lar, hammasi qorga oʻranub, bir chiroylu mudrab yotub edi. Pastda kunga qaratub solungan qator tuproq tomlu uylar — bir fayzlu, bir sarishta, bir koʻzga yaqun. Nega shunday, aytolmasdum. Balku bu hovlu, bu xonadonda, kunga qarab tushgan bu uylar, bu goʻshada bir muddat siz yashaganuz, oʻz uyingizdek kirib-chiqib yurganingiz uchundur, agar uylantirishsa, kelinni shu uylardan biruga tushirmoqchu boʻlishganiyu, endu oʻsha uylardan biriga (taqdurni qarangki!) men — Siz suygan va bu yoqqa joʻnatgan juftingiz kelayotganum va ega chiqayotganum uchundur. Axir Siz uchun aziz narsalar nega menga aziz boʻlmasin?!

Ichkari kirib fotiha qilibmiz hamki, eshik ochilub Siz salom berub kirib keladigandeksiz. Hatto hovludan qornu g‘arch-g‘urch bosib kelayotgan oyoq tovushlariz eshitilib ketayotubdu. Zinada oyoqlarungizni tap-tap qoqishingiznu, yoʻtalib qoʻyishingiznu kutub nafas yutmay qolaman.

Lekin eshik ochilmaydu, ochila qolmaydu. Demak, nazarumda ekan, menga shunday tuyulgan ekan. Oʻshandan beri shundaysiz: xuddi hozir bildurmayun kirib keladigandeksiz. Bu tuyg‘u ilohim, meni hech aldamasun, nazarumdagi oldumga yetub kela qolsun! Shu uylarda birga-birga yashay qolayluk. Ey, xudoyum, biznu ham topishtur, kelin-kuyovlardek yashash baxtini ber, deb soʻraganum-soʻragan. Saharlarda duolarumga qoʻshganum-qoʻshgan.

Sultonmurod aka! Sizga judayam qadrdon bu xonadonga kelub, birinchi koʻrgan tushumni aytaymu? Judayam g‘aroyub. Ta’biriga lolman. Albatta, bu ta’birnu birav emas, oʻzum qildum. Unga siz nima derdungiz? Chunki yolg‘uz Sizgagina aytush mumkin boʻlgan tush. Biravga, hatto Salom xolanguzlarga-da aytolmadum.

Emushki... nega emushki?.. Aniq-taniq koʻrdim. Men oʻzumizning uyimizdamishman. Siz meni qaytarub yuborganmishsiz. Uch kundan berlu tinmay yig‘larmishman. Koʻzumga uyqu ilinmasmish. Hoji dadam ham, oyum ham tepamdan jilmay tong ottirishibdu. Ikki kechayu bir kunduz tinmay yig‘labman. Oyum bunga bir narsa deng, dadasi, yig‘layverib jigarlari ezilub ketdi-ku deb, menga qoʻshilishub yig‘lar emishlar. Tepamda mijja qoqmay oʻtirgan dadamning tasbehlari shiqirlashiniyu oʻzlari og‘ur qoʻzg‘olub qoʻyganlarinugina sezub yotubman. Ammo oʻzlaru miq etmaydilar. Sassiz tasbehot aytushda davom etyaptular.

Bilaman, har ikkalalariga ham qiyun. Qiyun ham gapmu, juda og‘ur. Mening qaytub kelushim, Sizning bunga izn beruvingiz. Qaysi ota, qaysi ona qizum qaytub kelsun, deb uzatadu? Yana menday malomatlarga qolub, qaytub kelub tursa... Mana bunday bosh koʻtarmay yig‘lab yotsa... ular qanday chidaydu bu koʻrgiluk, bu malomatlarga? Men esam, shunu tushunub turub ham ich-ichumdan bosub kelaturgan xoʻrluk, alamlarnu, qaytarub yuborulish sitamlarunu toʻxtatolmayapman, ichumga yutolmayutman. Shu asno salom berub Siz kirub keldungiz. Ammo men sezub turgan boʻlsam-da, bosh koʻtarmadum. Malomat alami shunchaluk ekanmu, tavba! Erum, juftu halolum, Siz kelasiz-u men turmasam?!.. Bosh koʻtarub qarab qoʻymaysam?.. (Bu qandoq hol boʻldu?..)

Ul dilporalar Siznu kutub olishdu. Shunday yonumga, tepa tomonumga joy solub oʻtkazushdi. Vaholangki, u boʻhton gaplarni eshitub yonumga yoʻlamay qoʻygandungiz. Gapurmay ham yurardungiz. Endu kelubsiz.

Bunga saru xoʻrligum tutub, ich-ichumdan yig‘u bosub kelyaptu, kelyaptu, adog‘i yoʻq. Boshumni yostuqqa burkabam qutulolmayutman undan, bu yig‘udan... Ammo oʻzum, butun vujudum quloqqa aylanub, Siznung ovozungiznu, soʻzingiznu kutyapman. Va shunda Siz dadamlarga:

«Men keldum, ota. Bir og‘uz aytsun, oʻz og‘zi ila aytsun, u gaplar hammasi boʻhton desun, opketmagan nomard, musulmon emas! Malomatga qoʻyganlarni nima qilsam, oʻzum bilgayman. Qilmasam, Sultonmurod otumni boshqa qoʻying», dedingiz.

Shu soʻznu eshitub, u xoʻrluk, u alam, u koʻzyoshlar taqqa toʻxtab, tina qoldiyu oʻzum sapchub turub, oyumning bag‘irlariga oʻzumnu otdum. Va shu barobar... uyg‘onub kettum. Nima dedim, nima boʻldu eslay olmayman, eslay olmayotirman. U qanday boʻhton ediyu kimlar malomat etdu, bunusini-da bilmayman...

Shundan berlu shu tushumnu eslasam ichum toʻkiladur. Ta’buriga ojuzman. Halu oʻzungiz kelmay turub menu qaytarub yuborushungiz... hech tushunolmayman. Nima bu? Karomatmu, bashoratmu yoxud shunchaki tush?

Shuncha ayriluq-koʻrgiliklar kammiki, kelajakda... Aytushga-da, tilga olushga-da qoʻrqaman, Sultonmurod aka. Yonumda boʻlsanguz ham maylu edu. Suyanchum, suyanadiganum bor-ku derdum. Qoʻrqmasdum. Endu eslasam, shu tushim yodumga tushsa, tanamga muz yuguradugan boʻp qoptu. Tezroq kela qolsanguz edu, Sultonmurod aka. Sizsiz qanchaluk qiynalyapganumiznu bilsanguz edu. Hammaning ham boshuda bir erkagi boʻlsun ekan. Tog‘dek himoyachusi boʻlmagan ayol-ayol emaskan.

Menu kechiring. Uzr. Ba’zan shunaqa xomush tortub, tushkunluklarga tushub ketamanki, chivindek jonumga shuncha tashvishmu, qoʻlum qaerga ham yetardu deb hamma alamumni yig‘idan olushga tushib ketaman. Tag‘inam xolanguz borakanlar, ulardan uyalganimdan ham koʻp narsalarnu ichumga yutub keladurman. U kishi Xudoning bergan kuni kechasi allamahalga dovur shig‘illatub mashina tikkanlari-tikkan. Men ham ularga qoʻshilub, kizak tikaman, tepchiq tepchiyman, pilta uraman xom doʻppiga. Har hafta Maqsudxoʻja uni opketib, oʻrnuga Oyposhsha xolanguzdan ish olib keladular. Shunaqqib ovunib oʻtiribmiz. Ammo ora-orada boyagu tushum yodumga tushib, xayolum qochub-qochub ketadu: bu nimadan belgu? Yo Olloh, mendek ojuz, sargardon bandangga yana qanday sinoatlarung bor, deb yig‘layman, ayol boshum bilan (shu yolg‘uz holumga) u sinovlarga dosh bera olarmu ekanman?
— Mahfuzaxon, kelinposhsha?

Xayolparishon oʻtirgan ekanman, xolanguzning ovozlarudan choʻchub tushdum.
— Ha, kichigoyu?
— Esimda borida aytub qoʻyay, keyin shoshib qolib oʻtirmang.
— Jonum bilan.
— Ertaga bir yetga oʻtib kelsangiz, Maqsudxoʻjam bilan.
— Maylun. Qaerga ekan? — dedum ichim g‘urmishlab. (Meni zerikub qoldi, kelin boyaqish, deb oʻylayaptilar shekillu.)

U kishu koʻzoynaklari tepasudan ma’nolu qarab qoʻydilar.
— Savob boʻladi, chiqmagan jondan umid-da, bolam. Shunga oʻtib qoʻysangiz.
— Tushunmadum. Doru xoltamnu koʻrib aytayapsizmu?.. — dedum xayolum tabibchilikka ketub. U doru oʻtlarni Mirza ota har ehtimolga qarshi tutqazub edular bu yoqqa joʻnashumizda. Oʻsha Sizga qaraganumda ozgina oʻrgatganlari demasa, nima bilardum.
— Har ehtimolga qarshi olvoling. Tabib boʻlib borganiz ham tuzuk. Sizni koʻrib, zora beri qaytsa...
— Meni koʻrib?.. Kim?

Kichikoyum koʻzoynaklarinu olub, mashinani surib qoʻydilar. Oʻzlari orqaroq surilub, etaklaridagi qiy-qindilarni terar edular:
— Siz eshitmagansiz bu tarixni. Uzun juda, — dedilar allaqanday istiholalarga tushub.— Sultonmurodimiz bu yoqlardan bosh olib ketayotganda... uning qizi ham bir kechada... toʻy kechasi g‘oyib boʻlgan... Boyaqish, oʻshaning dardida kuyib, adoi tamom boʻldi, shu holga tushdi, bir chekkasi. Endi oʻsal yotibdi ekan. Odam tanib-tanimay... Har zamon otini atab chaqirar qoʻyarmish. Savob boʻlardi.

Men endu anglab yetganday edum.
— Voy, Sizlar Marg‘uba atayotgan... shoʻrlikkinaning kimi, onasimu?
— Ha, oʻsha baxti qora... shu boyaqishning qizginasi edi. Hali kutadi...

Bu tarixdan ichum sidirilublar ketdi.
— Siz aytasizu nega bormayin, — dedum, — Faqat...

Kichigoyum yalt etub, yuzumga boqdilar:
— Qanday boʻlarkin, deysizmi?

Men bosh silkidum.
— Qoʻrqmang. Taomili shunday. Bu dunyodan ketayotgan odamga xush kelgan narsa, ilohim, Ollohga ham xush kelgay... — dedilar u kishi.
— Ilohum, — dedum men ham...

Darvozaxona yoʻlagidan birov chaqirar edi:
— Saida kennoyi?..

Xotinim daftarni qoldirib, noiloj oʻrnidan turdi:
— Qoʻshnilaruz, shekilli.

U chiqib, mening xayolim oʻsha qish-qirovli kunlarga qochgan, yangi kennoyim bilan boshlashib Sailarnikiga borganlarimiz yodimga tushib ketgan, oʻsha yangi kelgan kezlaridagi suvratlari koʻz oldimda turardi. Boʻlmasa, unaqa yasanmaganlar. Faqat sal ohorliroq koʻylaklarini kiyib otlanib chiqibdilar. Qoʻllarida sidirg‘a paranjilari. Egnilarida esa, boya aytganimdek, qora atlas ustidan qizil duxoba nimchayu uning ham ustidan biz tomonlarda rasm boʻlmagan oldi ochiq, yolg‘iz tugmachalik allaqanday uzun (xalat desammi, qabo desammi) yopishib, bir yarashib turguvchi engil kiyib olganlar. U qirmizi rangda boʻlib, boshlariga tivit roʻmol tashlab oʻrangan edilar. Men shundayin oq yuzli pariruxsor kennoyimiz borligidan esim og‘ibroq turarkanman, paranjini boshlariga soldilaru sochvonni qoʻllariga g‘ijimlab:
— Doru xaltani oldingizmu? — dedilar.
— Oldim, — dedim.

Yurdukmu, deganday im qoqdilar.
— Yurdik, — dedim va ichkariga ovoz berib jilaverdik. — Oyi, biz ketdik.
— Mayli, Ollohning panohiga, — deb ichkaridan koʻrinish berdilar oyim. — Kechga qolib ketmang-lar-a, meni xavotir oldirib?..
— Xoʻp.

Koʻchaga chiqsak, birrov koʻrinish bergan oftobda kungay tomondagi qatqaloq joylar pilchiray boshlabdi.

Chilp-chilpda yurib boʻlarmidi, biz izg‘irin yalagan yoʻlga oʻtib ola qoldik-da, anhor yoqalab yurib ketdik. Koʻzimning qiri bilan koʻrib turibman: kennoyim sachvonni tushirib, paranjiga oʻranibroq oldilar. Endi u kishini Kattabog‘dagi har bitta voqeadan xabar topadigan Anvar kennoyidan boʻlak kimsa oʻlaqolsa taniy olmasdi. Anvar kennoyiga esa notanish paranji yoʻq. U kishi bir koʻrsalar, bas, keyin Hirotda boʻlsa-da, tanib, soʻrashgani boraveradilar. Nimasidan tanib oladilar, bandagidanmi, guli, yoʻlidanmi, bilolmayman.

Hozir faqat oʻzimgina bu paranji, bu sachvon ortida qanday oyjamol kennoyim borligini tasavvur eta-eta, ortimga qarashga-da botinmay, yoʻl boshlab borarkanman, qayoqqa ketayotganimizni eslaganim sari xayol opqochib-opqochib ketar edi meni.

Tavba, bu qandoq sinoat? Biz hozir boradurgan qizil taram olmali xonadonning uzatgan qizginasi nikoh kechasi yoʻqolib, birinchi nikohidagi kishisi Bahriddin akamni topib boradiyu xuddi shu yaxshiligi evaziga akam undan bir tuki kam boʻlmagan manavi pariruxsorga erishibdi? Erishib, bu yoqqa joʻnatibdi. U esa kelib-kelib, endi kimga yoʻliqmoqda? Qizining yoʻllariga koʻz tuta-tuta adoi tamom boʻlgan onaizorgami? Bu nima, Ollohning marhamatimi yo hayotning bevafoligi? Qanday tushunmoq kerak?

Boshim gangiblar ketdi. Qarasam, Saynabi domlaning koʻcha yuzidagi oʻrikzoridan oʻtib, Nuriddinlarning bog‘i etagidagi shovvaga yaqinlashib qolibmiz. Anhordagi muz ostidan chiqqan suv toʻg‘ondan oshib, bir ajoyib sharqirab, yarqirardi. Yozda anhorga ham sig‘may guvillab yotadigan shovva hozir toʻg‘onning har chekkalariga muz marjonlarini sochib, muztoʻqmog‘u muz-qilichlarini yasab yotar va yana noilojdan-noiloj muz ostiga kirib yoʻqolar edi. U ozodlikka chiqmoq uchun muz qilichlaru toʻqmoqlarini yasab qoʻygan-u, bir boshlab ketadirgan mard-madadkor topa olmay yana tut-qunlikka mahkum boʻlib, muz-qalqon ostiga kirib ketayotgandek edi.
— Voy, bu ikkinchi tepamu? Shundan oʻtib burilavuzamu? — dedilar kennoyim.
— Yoʻq, bu Tepamasjid. Uyimizga oʻqdek eshitilib turadigan azon mashi yerdan aytiladi, — dedim chechanligim tutib. Keyin gapimiz gapimizga qovushib kela qoldi. U kishi soʻrardilar, men javob qilardim.
— Kechagida yoʻlda koʻrganuz-chi? U ham masjidmu?
— Unisida hayitnamozlar oʻqiladi, ziyoratga borishadi, — dedim.
— Shunaqa qadamjomu? — dedilar kennoyim hayratlanib.
— Choʻlpon ota pirim qoʻyilgan ekanlar. Oyimni aytishlaricha, katta buvayu buvilarimiz ham oʻshatda yotishadi.
— Oʻzi rahmatiga olsin hammalarinu, — deb u kishi sachvonlari ostida yuzlariga fotiha tortdilar. Keyin soʻradilar. — Dadangizlar hammu?

Men bosh chayqadim:
— U kishi men bola paytimda oʻtib, Qa’ng‘liga qoʻyilgan ekanlar. Keyin tog‘alarimiz bizni koʻchirib kelishgan.
— Shunaqamu? — deb yarim oʻgirildilar, — Sultonmurod akangizning dadalari-chi? U kishuga nima boʻlgan? — dedilar istihola aralash.

Men chiniga koʻchdim:
— Oyim yaxshiroq biladilar bu tarixlarni. U kishini olib ketishganda... biz yosh bola ekanmiz.
— Akangiz hammu? — dedilar toʻxtab qolayozib. Kennoyum bu xabarlarni sachvonlarini koʻtarib yutoqib tinglarkanlar, men pandavaqi orqa-ketini oʻylamay javob qilar edim:
— Ha, ha, Olim akam biznikida, u kishi shaharda, xolamgilarnikida katta boʻlishgan. Bu yoqlarga keyin kelganlar.
— Shunaqamu, uni qarang-a?..

Sezib turibman, u kishi yana nimalarnidir soʻrashga ilhaq, gapni shunga keltirayotirlar-u, aytolmayaptilar. Nimaligini ham anglab turgandekman. Marg‘u kennoyim haqda, akam bilan oʻrtalarida oʻtgan narsalarni soʻramoqchilar shekilli-ku xayomi — nima qoʻymayotir.

Men ham tushuntirib boʻlmaydirgan u gaplarni ochgim yoʻq, akamni yoxud Marg‘u kennoyimni yomonotliq qilib qoʻyishdan qoʻrqib, tilimni tishlab borayotirman. Chindan ham biz nima bilamiz?! Mahfuz kenno-yimning oʻzi bizdan ham koʻproq narsani bilarkan-ku. Akamning «vasiyati»ni ham, uni birinchi nikohi- dagi kishisiga yetkazishganini ham. Boshqa gapga ne hojat?

Bu orada ikki chekkasi paxsa devorli koʻcha ham, gir atrofini qari qora tollar oʻragan, hozir usti muzlab-tosh qotib yotgan hovuz ham orqada qolib, yong‘oqzordan oʻtibmiz. Oʻrtada kichkina tavaqa — bolachasi bor tanish darvozaga yetib kelibmiz. Uni koʻrgan zahotim yuragim toʻrga tushgan bedanadek potirlay boshlagan edi. Shuncha oʻzimni bosaman deyman, qani bosolsam!..

Ichkarida tiq etgan tovush yoʻq. Arslon otli oʻsha «dev» ham qay kunjakda yoxud somonxonada yotgan boʻlsa ehtimol — koʻrinmayapti. Lekin otxonadan opchiqib, kungay joyga bog‘lab qoʻyilgan qari targ‘il sigir «eshak oʻldiradigan oftob»da shumshayib turibdi. Pinakka ketganmi, kavsh ham qaytarmaydi, oxurga yopirilib talonchilikka tushgan chumchuqlarga qarab ham qoʻymaydi. Roʻza tutgandek tek qotgan.

Ochiq eshikdan moʻralab-chaqirib turish oʻng‘aysiz edi, eshik bolachasini oʻzimga tortib, zulfinni taqillata boshladim.

Ichkaridan «hozir» degan ovoz keldiyu eshik tir-qishida birov koʻrindi. Sai ekan. U oʻsha-oʻsha kalta-qoʻng‘ir paltosida, yoʻlakay roʻmolini qayta oʻrab kelardi.
— Kiravering, ochiq, — dedi u oʻsha yoqdanoq.

Men kennoyimga yoʻl boʻshatdim:
— Mana shoʻt, men kuta turaman.

Kennoyim sachvonni boshlariga tashlab elandilar:
— Voy, odamnu uyalturmang, Maqsudxoʻja?

Rosti, yuzlaridan oʻtolmadam. Ichimda esa, uchib-qoʻnib turibman: Sai demaganlar oʻz opajonisiga oʻxshagan kennoyimni koʻrib, qay ahvolga tushadi ekan? Ayniqsa, oʻsal yotgan onasi? Turib ketsa-ya...

Shu vaqt kennoyim oʻgirildilar ham... eshik ochilib, Sai koʻrindiyu «Voy!», degancha qotib qolayozdi. U ikki qoʻlini ikki betiga bosgancha Mahfuz ken- noyimga tikilib qolgan, oʻzini unga otarini ham, otmasini ham bilmas edi.
— Siz, siz... — derdi-yu, u yog‘ini ayta olmasdi.
— Ha, men, Salom opoqiz aytgan tabibman, oʻsha. Ayangiz tuzukmular? Oʻzlariz yaxshi oʻtiribsizlarmu?— dedi kennoyim koʻrishgani bora boshlab.

Shundagina Sai oʻziga kelib, koʻz pirpiratdiyu noiloj yelkasini tutib berdi:
— Kelingiz, kiravuring

Ammo oʻzi koʻrishyapti-yu, koʻziga ishonmaydi, opasi «Voy, mani puchug‘im, singiljonim», deb quchoqlab oladigandek, alag‘da. Allaqanday kalovlanib qolgan.

Men «Boshla, boshlay qol», degandek im qoqdim. Sai oʻzining ahvolidan oʻzi xijolatlarga tushib, qizarindiyu shosha-pisha ortiga chekildi:
— Voy, chindanam, opoqim aytib ketuvdila-ya? Kela qolinglar. Yura qolinglar, mana bu yoqqa.

Biz oʻn qadam yuribmidik-yoʻqmi, kennoyim boshlaridan paranjilarini olib ulgurgan edilar hamki, ayvon oxiridagi kichik uyning oʻsha ayvonga qaragan eshigi ochilib, yelkasiga toʻnining bir yengini kiya-kiya kimdir chiqa boshladiyu, yalt etib bizga koʻzi tushib, ostonada turgancha qoldi. Soʻng:
— Iya, Marg‘u?! Oʻzingmisan?! — deganicha oyog‘iga bir nimalar ilishga urinib, kalovlandi. Va oʻsha yerning oʻzida ikki aylanib, oʻsha bir nimani topdi va oʻzini pastga tashlashga chog‘langan joyda chiqqan eshigini hovliqib ochib, ichkariga ovoz berdi:
— Oyi, uniz kepti, oʻz oyog‘i bilan kepti!

Qaytib boyagi vajohatida hovliga tushib kela boshlab zinaning yarmiga yetganda... ustunni yarim quchgancha toʻxtab qoldi. Xuddi shu vaqtda u «singlim» deb atagan kimsa shart qayrilib, paranjisini boshiga ilib ulgurgan va apil-tapil sachvonini tushirmoqda edi.

Sai boʻlsa, gangib qolgan akasi tomon chopgan, shivirlab:
— Voy, qanaqasiz, oʻziz?! Nimalar deyapsiz?! Bular Salomxon opoqining kelinlari-ku, tabib-ku. Hushingizni yig‘ing, aka, — deb koyib-kuyinar, tirsagidan tortqilab, orqalarini silab «esingizni yig‘ing, qoching»lab, yoʻldan haydar edi.

Lekin urushdan qaytiboq anuv voqealarni eshitib, Sultonmurod akamni yanib yurgan akasi qani esini yig‘ib, chetga burilsa!
— Nega birov... boʻladi? Opang-ku?!. — dedi u axiyri singlisining betiga qarab.

U tutashqosh, yuzi-koʻzi Sainiki singari koʻhlik, ammo oʻzi qarchig‘aydek yigit edi. Egnidagi doʻppiyu toʻn hali qovushib-qovushmay — askarlikdan yangi qayt-gani shundaygina bilinib turardi.
— Adashyapsiz, aka. Oʻxshatyapsiz, xolos. Bular ayam uchun kelishgan, qoching,— derdi Sai hamon shivirlab, oʻzi esa akasining qilig‘idan uyatlarga botib borar edi.
— Asta’firulloh, asta’firulloh, — deganicha nari ketarkan, u hamon gumonsirab-gumonsirab qarab qoʻyar edi.

Men zora chalg‘isa deb, yaqin borib salom bera qoldim.

Ammo u alik oʻrniga ham aftimga anqovsirab tikildi. Tanimagani aniq edi, oʻzimni tanita boshladim:
— Biz pastdagi maktab oldida turamiz. Salomxon mashinachi...

U kennoyimga orqa oʻgirib turar edi, qaytarib soʻradi:
— Ilgari-chi?

Men koʻchib kelganimizni tushuntirguncha kennoyim Saiga ergashib, oʻzlarini zinaga, undan ayvonga urdilar. U shu pildirab borishida hazilakam hayajonga tushmagan edi.

Ular kirib ketishib, biz hovlida qoldik. Saining akasi oʻgirilib, kennoyimning kavshiga qarab qoʻydiyu qoshlarini kerib, menga boshdan-oyoq tikildi:
— Shoshma-shoshma, kimmiz deding?

Men qaytadan tushuntira boshlab edim, u jerikib berdi:
— Rosa choʻzding-ku, Sultonmurod kim boʻladi senga?
— Akam, — dedim toʻrsayib ham kalta qilib.

U labini burib, burnini jiyirdi: goʻyo «shu jipiriqning akasi...» degandek. Gʻashim kelib, ensam qotdi:
— Sizga nima?!
— Oʻh-u! Jahling ham burningni uchida-ku! — Gapim nash’a qilib, achchiq kuldi u va kutilmaganda yelkamga chayirdan chayir qoʻlini tashlab, asabiy silkidi, — Toʻg‘risini ayt, hov. Tug‘ishganmi, kim?..

Men goʻyo shaqildoqdek turgan yerimda necha bor borib-keldim. Umurtqammi, qay bir suyaklarim shiqirlab ketib, alamim qaynadi.
— Tug‘ishgan boʻlsa nima?! — dedim qaysarligim tutib.

U hayratlanib, soʻng jilmaydi:
— Nu, qoyil! Shu ketishing boʻlsa, akangdanam oʻtasan.
— Akamga nima qipti? — dedim silkinib.

Uning yuzi tundlashib kelib, oʻzi qulog‘imga engashdi:
— Oʻsha nima qiptisini... koʻrsatib qoʻyaman men unga! — dedi alamli shivirlab. Keyin qaddini rostlab, koʻzini loʻq qilib qaradi. — Hozir qay goʻrdalar? Gadoy topmas bir joylarda qochib yuribdilarmi?

Menga hammadan shu kesatig‘i oʻtib tushgan edi.
— Juda bilibsiz-da! — dedim toʻng‘illab. Qarasam, doru xalta qoʻlimda, kim bilan pachakilashib turibman, toʻg‘ri zinaga qarab yuraverdim.

U ortimdan ikki qadam tashlab, vishilladi:
— Hov, mishiqi?! Boʻlmasa, nima ekan? Birovning pardai ismatdagi singlisini avrab opketadilar-u, yana oppoq ekanlarmi? Shoshmay tursin hali! — dedi kamiga ayvon ustuniga shappalab.

Men tepaga chaqvolganman, oyog‘imdagini yechishniyam, eshikni ochib kirib boraverishniyam bilmayman. U esa, qori quralib, pilchiray boshlagan hovlida loyga ham qaramay alam bilan nari borib, beri kelyapti, Ora-chira qoʻl silkib, soʻkinib qoʻyadi:
— Men shunday qoldirarkamanmi?! Indamay ketarkanmanmi?! Shoshmay tursin! Bularni mana shu kuylarga solgani uchun ham tinch qoʻymayman! Yerning tagidan boʻlsa, topib kelaman!

«Ne-ne kekirdagi uzunlar nima qila olib edi, Sizning qoʻlingiz qaerga yetardi!» demoqchi boʻldim-u, aytib oʻtirmadim. Qolaversa, u hali nimani biladi. Soʻng doru xaltani kutib qolishdi deb oʻylab, ular kirib ketishgan eshikni shartta ochdim.

Yo tavba, Mahfuz kennoyim, ha-ha, boshidan paranjisini olib qaergadir tashlagan Mahfuz kennoyim toʻrdagi — oyog‘i tanchaga qaratib solingan oʻrinda yoʻqdek boʻlib yotgan ayol yonginasiga tiz bukkanu uning koʻksiga bosh qoʻyib, yuz bosgancha qolgan edi. Oʻsha yotgan kimsa esa qoqsuyak, ozg‘in qoʻllari ila kennoyimning boshini, boshiga qoʻshib sochlarini ohista-ohista silar, usiz ham kirtayib ketgan koʻzlari yumuq holda bir nimalar deb shivirlar ediyu, mijjalaridan sizib chiqayotgan yosh ikki chekkasidan quloqlari yumshog‘i tomon chopqillagandan-chopqillar edilar. Goʻyo «Roziman, mingdan ming roziman, ona qizim», deb pichirlar-u, negadir men ovozini eshitmayotgandek edim. Titrab ketdim! Bu yoqda askar oʻg‘li hovlida shilp-shilp yurib, nari borib-beri kelyapti, u yoqda mushtdek boʻlib, onasining bosh tomonida oʻtirgan Sai oʻkrab yuborgudek ahvolda — ikki yuzini changallagancha qolgan. Oʻzim esam, nima boʻlganini hech anglab yeta olmasdim...

...Xotinim qaytib kirib, xatni yana qoʻliga oldi:

«...Sultonmurod aka! Qanchaluk oʻng‘aysiz boʻlmasun, ularnukiga bordum. Xolanguzning soʻzlarini yerga tashlay olmadum.

Xudoning xohlashuni qarangki, Sizni qora tortub, oʻziniyam, bu yoqdagilarniyam ne malomatlarga qoldirub ketgan va Siz birinchi nikohidagi kishisiga yetkazdurgan baxt sohibasinikiga uning qiyofasida kirib borishumni, ularnikudagilar meni koʻrib qay ahvolga tushganlarini bir koʻrsangiz edu.

Savob deb bordim-u, lekin gung odam ham chidolmasdu bu tashrifga. Askarlikdan qaytgan akaginasining meni bexos koʻrib qolub, uyni boshiga koʻtarganlarini, oyi, uniz keptu, oʻz oyog‘u bilan keptu deb jar solub, bir yerga yetganlarini, soʻng men u emasligimni bilib qolub qay holga tushganlaruni koʻrsangiz edu! Paranjiga oʻranub kirib boryapman-u, duvillab kelgan yoshdan na yoʻl, na zina koʻrinadu koʻzumga. Yaxshiyam tolchiviqdek singlisi borakan, oʻsha boshlab kirib ketdu.

Kirsam, qizining dardu firoqida ozub-choʻp boʻlib qolgan onaizor oʻrunda erib bitgan shamdek yotiptu. Askarlikdan qaytgan oʻg‘lining boyagi shovquni — «uniz keptu»sini eshitgan shekilli, oʻzi alag‘dayu koʻzlari javdiraydi. Menginani koʻrib:
— Marg‘u... Voy, mening bebaxtginam! — deb boshini toʻrt enlikkina koʻtardi-yu, boshqasiga holi ham, majoli ham kelmay, choʻzila qoldu.

Uchib borib, yonlariga tizzaladumu hamma istihola, andishalarni yig‘ishtirub, koʻksilariga bosh urib, yuz bosgancha qoldum. Paranjumni qachon boshimdan oldum, u kishi qay ahvolda koʻrdilar, bilmayman. Ammo u kishi ham menu qizlari oʻrnida koʻrgan, meni u deb bilgan edular. Lablari shivirlabmu Ollohga shukrlar aytardi. Men u kishinu noumid qilolmasdum, boshqaman deya olmasdum. Tilum aylanmasdu bunday soʻzlarga. Buning oʻrnigayam ich-ichumdan bir yig‘i, bir oʻksug‘ bosub kelyaptu — oʻzumni tutolmayman, tilumdan bir soʻzlar oqub kelyapti — aytub ado qilolmayman. Oʻzum chindan ham shu mushtipar onaizorning duosini olib qolgum bor, bir marta yuzlarumga qarashiga, bir og‘iz eshittirub bir nima deyishiga intiqman, zorman.

Nihoyat, momiqdan momiq, mayin bir kaft, qizaloq qoʻllaridan ham yengil bir qoʻl boshim aralash sochlarumni silay boshlaganini sezib, entikublar kettum va bag‘irlariga singib ketgudek boʻlub, yuzlarumni bosdum. Ammo u qoʻlning holi yoʻq edu. Boshumni quchib qoʻyib:
— Baxtingda koʻpaygin, ilohim, — dedilaru jim qoldilar. Qoʻllari yelkamdan sirg‘alib tushib ketti.

Boshimnu koʻtarganumda ochuq koʻzlarining nuri ikki tomchi yosh boʻlib, mijjalaridan oqib tushmoqda edu. «Inna lillahi va inna ilayhi rojiun» — chindan hammamiz bir kuni uning dargohiga qaytguvchi ekanmiz.

Olloh rahmatiga olgan boʻlsun. Qizlaridan rozu kettilar.

Imkoni boʻlsa, bir enlik xat ila u mushfiqaga xabar bermak lozimdur. Ruhi poklariga bir kalima Qur’on tilovat qilib yuborsa ham savob. Qolaversa, Ollohning uyiga yaqin joylarda, payg‘ambar sallollohu alayhi vassalam yurtlarida yashayotgan Marg‘ubalaridan lozim bu.

Addoi Mahfuzangiz.

Oʻsha oʻzingizga tanush aziz manzil-mavozelarda

yashab turguvchi xasmu zavjangiz».

Qayrag‘ochzorli Yolg‘iz Mozor Siri (yoxud Maqsud qissagoʻyga qorong‘u — muallifga ayon tarix)

Oʻsha qoqsuyak, jimit chol — Mirtoʻxta amaki qoʻlida bir hovuch gilosmi — nima, oʻpib, koʻziga surtgancha omonliq-somonliq qilar va bir donaginasini tishsiz, nuqul milkdan iborat og‘ziga solib, yonidagi pakana, g‘ulabir odamga bir nimalar deb g‘oʻldirar edi.

Olim uning quloqqa allaqanday xush yoquvchi ovozini qoʻmsab, mashinasini yoʻl chekkasidagi kallaklangan tollar tagiga olaqoldi. Qarangki, guzardagi bu tollar kallaklanib, qator doʻkonlaru rastalar yopilib qolganidanmi, u allaqanday fayzsiz koʻrinar, tollar esa endigina koʻklab kelar, yangi navdalari hali qing‘ir-qiyshiq butoqlarini enlab ulgurmagan edi. Hatto Mirtoʻxta amakining choyxonasiga kiraverishdagi hayhotdek tutning shoxlarini ham ship-shiydam qilib kesib ketishgan, u qurigan daraxtdek shoʻppayib qolgan edi. Tagidagi yog‘och soʻrilar ham huvillab yotibdi. Hamma yoqqa it tekkani-tekkan, shuni kesishmasa, nima qilibdi ekan, guzaru choyxonadan fayzni ketkazib?..

U ichi achishib, oʻsha tomonga qarab yuraverdi. Mirtoʻxta amaki uni mashinasidan tanibmi, puturi ketgan yog‘och zinasidan tartaqaylab tushib kela boshladi:
— Iya-iya, eshon bola, yana qandoq shamollar uchirib? Keling-keling, qadamlarizga hasanot.— U g‘oʻldirab kelib, qoʻlini oldi va keyingisi bilan yelkalarini silab tavof eta ketdi. Soʻng koʻk xalatining choʻntagidagi gilosdan ilindi. — Oling, eshon bola, Choʻlpon otaning qora gilosidan. Totinib qoling, shu oxirgi hosili. Hademay ular ham kundakov boʻlib ketadi.

Gilos — gilosmisan-gilos edi, har donasi boshmaldoqdek kelar, halitdan charosdek rang olib, qoraya boshlagan edi.

Olim beixtiyor oʻzi bolalikda shabboxun urib yurguvchi Yakkabog‘ bog‘larini esladi. Ayniqsa, Inog‘om tog‘aning tashqisidagi oʻrta devorga yonboshlab tarvaqaylagan azamat gilosning qoʻshaloq-qoʻshaloq, tergan bilan, yegan bilan ado boʻlmaguvchi mevalari koʻz oldidan oʻtar edi. Ana shunday boshmaldoqday giloslarni Qash-qarda koʻrib edi, qaytib mana endi qoʻlga olishi. Hademay bularni ham ado etishadi, hamma yoqqa qiron kepti. Qaysi gunohlariga shunday boʻpti? Shahar qurisharkan, boshqa yer — qirmi, taqirmi, qurib qolgan ekanmi?
— Oling, eshon bola, omonliq-somonliq, — deb qistardi Mirtoʻxta amaki.

Olim oʻziga qolsa, shu qoʻshalog‘ini mashinasining oynasiga, naq koʻzining roʻbaroʻsiga ilib qoʻygusi keldi.
— Oʻz bog‘izdanmi, amaki? — dedi.
— Qayda! Bizni bog‘ qoptimi, allazamonda surib tashlashgan. Bu Mukarram eshonni bog‘idan. Ana, oʻzi, ilinib opchiqqan ekan. Shunaqa ilinib yuradi, qassob akangiz.

Hamma mehri koʻzlariga balqib chiqa qolgan bu kaltabaqay odam oʻlaqolsa qassobga oʻxshamasdi. Harqalay Olim uni qoʻliga tig‘ ushlagan holda hech tasavvur etolmadi. Shuning uchun ham u bilan samimiy koʻrisha turib, yanglishganini sezdi. Uning qoʻli bamisoli qayroqtoshdek qattiq edi.
— Hovliga kiramiz, mehmon. Quling oʻrgulsin xasip soldiryapman. Ta’mi og‘zizda qolsa, kep turasiz,— deb iljaydi Mukarram aka.
— Rahmat, aka, boshqa gal, — deb qoʻlini koʻksiga qoʻydi Olim, — Bir yerga oʻtadigan edim, sal kechikdim. Sutchi amakiga va’dam...
— E, u kishimi? Allaqachon qaytib, bitta choyni maydalab oʻtirib edi. Yakkabog‘dan qidirib kelib, opketib qolishdi, — dedi Mirtoʻxta amaki uzundan-uzun qoʻlining orqasi bilan qotgan belini silab qoʻyib.— Qanday topib borasiz, bu abjag‘i chiqqan yoʻllar bilan? Gʻirotingiz uvol-da, uvol. Kuta qoling.

Qassobga jon bitdi:
— Shuni ayting, ayni otamlashadigan mavridi ekan. Qoling, xasip tobida. Yoʻq, demang.
— Qaniydi, otamlashganga nima yetsin. Lekin tushunasiz-ku, oʻrtada lafz bor. Bir eski mozorot yoʻlga tushayotgan ekan. Oʻshanga oʻtmoqchiydik.

Buni eshitib Mirtoʻxta amaki hovliqdi:
— Darvoqe, oʻshalar kelib opketishdi. Sanduqli otadan sanduqlar chiqqanmish.
— Ochishibdimi? — deb yubordi Olim bir nima boʻg‘ziga tiqilib kelib.
— Bilmasam, bilmasam, — deb g‘oʻldiradi choyxonachi, — sutchini «chumchuq soʻysa ham qassob soʻysin,» deb opketishdi. Eski kitoblarga undan boʻlak kimning tishi oʻtardi? — Keyin kamiga uni ta’riflay ketdi. — Mullaga taraf yoʻq, taraf. Choʻlpon otaning imomi ham ip esholmaydi uning oldida, sut bonka orqalab yurganiga ishonmang.
— Eski uylarning sinchlari orasiyu toqilari tepasidan chiqayotgan kitoblarni shu kishi sotib olayotganmish, — deb qoʻydi qassob ham.

Olimga shu kifoya edi, ichi qurib, xayr-ma’zurga tushib qoldi:
— Uzr-uzr, men bormasam boʻlmaskan. Aybga buyurmaysizlar.
— Esiz, mashina, bu chalchiq yoʻllarga, — dedi Mirtoʻxta amaki ichi achib.

Ammo mehmon parvo qiladigan ahvolda emasdi.
— Shunday topildiqlar xabari chiqqanda jin uradimi bu tersakka! — dediyu xayr-xoʻsh bilan oʻsha qora kiyikiga oʻtirib, tuproq yoʻldan kun og‘ib borayotgan tomonga surib ketdi.

Birpasdan keyin u har turli og‘ir mashinalar oʻtaverib oʻydim-chuqur boʻlib ketgan yoʻldan qoʻsh g‘ildirak izi bilan bir amallab ilgarilab borarkan, botib qolari yoxud biron ariqqa tushib ketaridan havf-sirab, toʻxtab-toʻxtab qolar edi.

Ana shunda koʻz oʻngidan namatga oʻralgan sandiqlaru uni koʻplashib koʻtarishib olayotgan odamlar ketmay qolib, bolaligida eshitganlari yodiga tushib-tushib kelaverardi. Emishki, rahmatli dadasi bir kuni qoʻllarida ilm olayotgan shogirdlari bilan hamma kitoblaru qozilik hujjatlarini sanduqlarga joylab, sanduqlarni esa namatlaru mol terlari bilan oʻrab-chirmab, yarim kechada allaqaerga tashlab kelishibdi-da, soʻng oshni yeb, muridlarga oq fotiha berganmishlar. Ertalab esa oʻzlarini olib ketgani odam kelganmish.

U yoqda ekanida shuncha og‘iz juftlab, mavrid kutdi, lekin soʻrashga jur’at topganida u kishi (Olloh rahmat qilsin) tildan qolib, bir siqim sariq ipakdek boʻlib yotar edilar. Yaxshiyam ilgariroq sutchiga bir nimalar degan ekanlar.

Sal oʻtib, binoyi toshyoʻl boshlandi. Endi qoʻrqmasa ham boʻlardi. Quruvchilar yuk mashinalari chalchiqqa botib qolaverib, toza adablarini yeyishgan shekilli, ilgarigi (tuprog‘i yozda toʻpiqqa chiqib, kuzda balchiqqa aylanadigan) katta koʻchaga shag‘al yotqizishgan, uning dala yoʻli siyohi qolmagan edi. Faqat yoʻlning ikki chekkasidagi yoʻlkalar oʻsha-oʻsha, goh katta yoʻldan odam boʻyi tepaga chiqib, goh Izzaga yaqinlashganda baravarlashib qolar edi. Oʻsha bir vaqtlar — ular eslarini tanimasdan burun tepalarni kesib oʻtib, toʻg‘ri Achchiga qarab tushgan yoʻl hali ham omon turar, undan boʻlak hamma narsaga — bog‘laru soylaru qoʻrg‘onlargacha, barchasiga tekis qiron kelgan, koʻzga yarq etib olovdek tashlanadigan narsaning oʻzi qolmagan, oʻrnidan ufqlarniyu kengliklarni toʻsib, balandqavat temir uylar qad rostlab kelar, mahobatini aytmasa, dunyo koʻrgan Olimga ham allaqanday oʻtirishmayotir edi. Balki odam bolasining tabiati shunaqadir: koʻz ochib koʻrgan narsalaridan ajrashni istamas. Har bir oʻzgarishni ichki g‘ashlik bilan, og‘rinib qabul qilar. Hozir ham shuncha oro berib qurilgan, me’morchilikning ovrupo namunalaridan qolishmaydigan imoratlar qolib, yoʻl chekkasidami, osmoni-haftim binolar oʻrtasidagi hovli-maydondami adashib-qirqilmay qolgan yakkash tutmi-yong‘oq tuplari koʻziga olovday koʻrinib ketar edi. Oʻzi esa xuddi eski tanishini uchratgan odamdek bir yerlarga yetar edi.

Yakkabog‘ning Izzasiga yetganda chidab turolmadi. Mashinasini chetga olib, koʻcha yoqasiga tushib bordiyu kunbotarga qarab choʻzilib ketgan va qurilishlar orasida hozircha omon turgan chimzor-soylikka bolalarcha entikib, tikilib qoldi. Hayriyat, hayriyat, deya shivirlar, vatanning bir parchasi boʻlsa ham omon qolgan ekan-ku! Bolaligimizda sigir boqib, soylarida choʻmilib, chimzorlarida gurpaklashib yurgan kunlarimizni yodga soladigan narsayam bor ekan-ku! Otalarimiz, onalarimiz yurtidan yodgor boʻlib shugina qolibdimi? Qolgan hammasi yitib ketibdimi, deya shivirlardiyu koʻngli buzilib borardi. Koʻngli boʻshalib, ichi sim-sim simillab ketayotgan boʻlsa-da, soylikning oʻrtasida qora ilondek toʻlg‘onib yotgan Izza suvidan, uning ikki betkayida yastanib, to kunbotarga qadar choʻzilib ketgan yam-yashil chimzorlardan koʻz uzolmasdi. Bu yerning havosi ham bir boʻlakcha, koʻksiga moydek oqib kirar, Izza boʻylaridagi yalpizlarningmi, suv oʻtlariningmi omuxta hidlari anqib turar, hidlab toʻymasdi. Hozir oʻsha buloq suvlaridan hovuchlab-hovuchlab ichgisi, oʻsha chimzorlarga choʻzilab, tubsiz osmonga tikilib yotgisi kelardi. Bilmasdiki, sal narida, hov qari tollar tagidagi vayrona tegirmondan u yog‘ida soyning ikki yoqasiga uzala tushgan azaliy tepalar, minglab qushlaru koʻk kaptarlarga vatan boʻlib, in boʻlib, hammasini oʻz bag‘riga ola biladigan, chug‘ur-chug‘urlaridan jangillab aks-sado berib yotadigan tik jarlar allaqachon yoʻqlikka koʻchgan, hozir borsa, ularni topolmasdi. Qadim Izzayu uning ikki betkayidagi yuzlab buloqlar oʻsha tepalar tagida qolib keta boshlaganini u hali bilmasdi. Hozir koʻz oldida turgan, hali sivilizatsiyaning qadami yetmagan bir qism soylik — chimzorlargagina mahliyo boʻlib turar, shunga ham shukr qilardi. U yoqdagi ostin-ustinni koʻrsa, nima qilarkan, oʻtirib olib, piq-piq yig‘larmidi ekan?!

Omon qolgan chimzorlardan koʻngil uzolmay, ketsa-qaytib koʻrolmaydigandek bir holga tushib, yana bir muddat turdi. Ammo kun ketib borar, oftob oqposhshoning qizil tangasidek qizarib minora kranning uchiga osilib turar, soydan kechki bir salqinlik ufura boshlagan edi. Olim shoshmasa boʻlmasdi, yolg‘iz mozorotdan topilgan sandiqlar tarkana boʻlib ketmasidan yetib borgani ma’qul edi. Qolaversa, u sanduqlardagi narsalar kimniki ekan? Ularni kim joylab, kim koʻmibdi ekan? Shunday kunda yetib bormasa, bir umr armonda qolmaydimi!

Chimzorda shudring tushib, oy chiqqunga qadar oʻtirgisi, bolaligi kechgan diyor bilan vidolashgisi kelsa-da, ortiq qola olmasdi.

Xuddi shunday bir his Yakkabog‘ning guzarchasidagi hayxotdek yolg‘iz sadaqayrag‘ochni koʻrganda (bu nimaning alomati ekan — shunday azamat qayrag‘och qurib qolgan, shu holida ham uni tinmagur chumchuqlar vatan tutib, in qurib, chug‘urlashib yotar edilar!), Murjimondan oʻtgandagi zanjir solib ham qoʻporib tashlasha olmagan katta qari toshnokka koʻzi tushganda ichidan toshib kelgan xoʻrlikni zoʻrg‘a bosa oldi.

U koʻzlagan manziliga yetib qolgan edi. Otasining xaloskori, sobiq hamkasbiga koʻzlari qizargan holda koʻringisi kelmadi. Toʻg‘ri, inson judoliklarga koʻnika bilishi kerak. Tug‘ilgandan to qabrgacha nimalardan judo boʻlmaydi u?! (Bu oʻsha sutchining gapi!) Lekin odam har narsaga chidasa ham koʻzi tirigida oʻzi yayrab oʻsgan, yalangoyoq turpoq kechgan, soʻqmoq oshgan, chimzorlarida shudringdan soʻng yashil izlarini qoldirib chopgan, buloq suvlarini ichgan, ne’matlaridan totgan bir vatan — bir diyordan qanday ayrila oladi? Bu ayriliqqa qanday chidaydi? Qaerdan taskin topadi? Qaysi gunohlariga Olloh ularning oʻrniga tamomila yangi qavmni keltirib qoʻymoqda — oʻylab uyining tagiga yetolmasdi. Inson xom sut emganki, oʻzining gunohi qolib, boshqalarnikini hisoblashga tushib ketadi. Oʻzim-chi, oʻzimizdan nima oʻtib edi, deb qoʻymaydi. Tog‘dek gunohi borligini bilsa ham bilmaganga olmoqchi boʻladi. Oʻzi-chi, oʻzi oppoqmi? Shu kunlarni yaqinlashtirib berganlarning ichida oʻzi yoʻqmi? Endigi koʻzyoshidan, alam-sitamlardan nima foyda?! Kech ochilgan koʻz pushmon yig‘ilaridan qurib, soʻqirga aylansa nima?! Sabru bardosh va tavbadan boshqa nima qopti? Oʻshanda ham agar Olloh yorla-qasa...

Uning mijjalariga goh achchiq yosh qalqib chiqib, koʻz oldini tumanga oʻxshash bir nima qoplab ola boshlar, goh oʻsha yolg‘iz chirq-chirq chumchuqlargagina vatan boʻlib qolgan (hali saratonga borib ular ham buni tashlab ketadilar!) hayxotdek sadaqayrag‘och ketmay qolar edi. Shunday sada turgan yerida qurib qolsa-ya! Bu nimaning alomati? Olim oʻylab oʻyining tagiga yetolmas, hikmati nima bilolmasdi. Chindan ham u bilmaydi, bu bir vaqtlar (hatto bundan oʻn yetti-oʻn sakkiz yillar muqaddam ham mashhur, gurkiragan, hammaning og‘ziga tushgan sada boʻlganini!.. Hamma gap shundaki, oʻsha sada gurkiragan pallada uning roʻbaroʻsidagi xonadonda bir g‘aroyib chaqaloq (oʻg‘il boʻlib oʻg‘il emas, qiz boʻlib qiz!..) dunyoga kelgan edi.

Bu nimaning alomati edi, oxirzamon — qiyomatningmi yoxud biron kasru kasofatning, ota ham, ona ham bilisholmadi. Yaxshilab tanalariga oʻylab koʻrishsa-ku, tong-saharlarda Ollohga yolvorib tavbalar qilishsa-ku, yolg‘iz oʻzidan madad soʻrashsa-ku — hikmatini anglasharmidi! Olloh ham gunohlaridan oʻtardi. Yoʻq, bir-ikki kun qoʻrqib yurib, keyin qoʻrqmay ham qoʻyishdi. Negaki bola qosh-koʻzi joyida, oʻzi popukday edi halitdan. Oʻg‘ildan koʻra qiz bolaga tortib ketardi chiroyi. Xudoning oʻzi g‘amxoʻr, vaqt ajratadi deb oʻzlariga taskin berib qoʻya qolishdi. Qusuriga e’tibor qilishmadi, shuni ham Xudodan koʻrishdi. (Olloh esa uni behikmat yaratmagan edi!..) Bora-bora haligi bolakay... avval sochlari oʻsib, yelkasiga tushdi, soʻng orqasi bilan bitta jamalak sochli qizaloqqa aylandi. Oq yuz, quralay koʻz bir koʻhlik qiz boʻldiyu soʻng hech kim oʻylamagan bir paytda, ayni onalar «voy falonchiyam boʻyi yetib, oyday qiz boʻptimi» deb koʻz ostiga ola boshlagan kezlarida qizi tushmagur bir kechada «rastasidan buzilib» ovozi doʻrillab chiqdi! Oʻzi ham necha kun uydan chiqolmay, qamalib oʻtirdiyu keyin «bo, xudo olsin» deb dugonalari orasiga chiqib ketdi (Onasi zora ovozi yumshasa deb otadan bekitiqcha, jindek surma ichirib ham koʻrdi, koʻknor ezib berdi ham, boʻlmadi). Shu-shu erkakshoda boʻlib qoldi. Maktabni tashlab, dalaga chiqib ketdi. U yoqda esa udli-shuldikkina ekan, bir oʻzi qirqta qizga bosh boʻlgudek deb, chopiqchi qizlarga boshchi qilib qoʻyishdi.

Qolaversa, qoʻli ancha yerga yetadigan, kattalar ham hisoblashib, hayiqib turadigan tog‘asi bor edi. U haqda «Xudodan qoʻrqmagandan qoʻrq», deyishardi. Sultonmurodlar uyini yoqib, Kattabog‘dan badarg‘a etishganida koʻchini ortib ketaturib, alam-achchiqda otni qistab-qamchilagan ekan: ot olib qochib, undan uchib ketgancha oqsoq boʻlib qolgan deyishadi, shu-shu Akmal oʻris nomi Akmal choʻloqqa aylangan. Ilgarigi movut kepka kiyib yurgan mahallari ham bir baharnav ekan, endi undan jizzaki, undan alamzada odam topilmasdi bu deparada. Akmal choʻloq kevotti desa, har kim har yoqqa — kim chorboqqa, kim ishkom ichiga urib ketar, u kasofatga yoʻliqding — baloga yoʻliqding edi. Shunaqa Xudoning g‘azabi edi. Kolxozda ham uning aytgani ayt-gan, degani degan edi. Ketmon chopiqda bas boylashsa, bir oʻzi toʻrtta erkakni qochirib, changida qoldirib ketadigan, ba’zan kurash tushsa, oʻzi tengi yigitlarni ham chirpirak qilib otgudek vajohati bor jiyani Qumrinisa (shunday tog‘asi boʻlaturib!) oddiy ketmonchi boʻlib qolarmidi! Tez orada qirq qizlarga bosh — zvenovoy boʻlib ketdi. Necha yil bedapoya boʻlib yotgan, kaftdek tekis kungay yer ularga ajratilib, otxonaning tog‘ boʻlib ketgan goʻnglari shu yoqqa tashildi. Qirq arava chiqdimi, undan koʻproqmi, hech kim hisobini olgani ham, soʻragani ham yoʻq. Qolaversa, lavlagi urug‘ning sarxili shularga tegdi. Qizlarga esa, bir nomchiqarga ishlaysizlar, mukofotiga bosh-oyoq sarupoyu kamiga Muqimiy teatrusiga olib tushish, deb va’da qilishdi.

Hov, yer xohlab qolsa, qand lavlagi degani yomon boʻlib berar ekan. Har lavlagilar boʻldiki, uning oldida oʻg‘irdasta — ingichka edi. Qizlar qazib, aravalar omborga tashib ulgurisholmasdi. Ana shu nomchiqarga qilingan ishga Akmal choʻloqning oʻzi shaxsan bosh boʻldiyu jiyani uchun turib berdi. Qizlarga va’da qilingan bosh-oyoq saruponi ham topdirib keltirdi, Muqimiy teatrusiga shaxsan oʻzi olib tushib, yarim kechada uy-uylarga tashlatib qoʻydi. Qizlar shunga mahliyo edilar, xursandlikdan tanalariga sig‘masdilar. Bu haqda allavaqtga dovur gapirib yurishdi ham.

Erkakshoda jiyan esa, bu deparada koʻz koʻrib, quloq eshitmagan obroʻga ega boʻlib, shuhratning tagida qolib ketdi. Uning suvratu portretlari qishloqning guzaru maktablari, doʻkonu shiyponlariga osib tashlanib, oʻzi deputatlikka koʻrsatildi. Endi uning nomi hammaning og‘zida edi. Qumrinisa Qang‘lining qoʻl yetmas yulduziga aylangan edi. Odamlarning «Qaysi, kimning qizi?» degan savollariga:
— Anuv, Qumrinisa-chi, Akmal choʻloqning jiyani,— deb tanishtirishar, judayam tushunmaganlarga Yakkabog‘dagi sadaqayrag‘ochni eslatib: — Ana oʻsha katta koʻcha yuzidagi qayrag‘ochni bilasiz-a, xuddi oʻshaning roʻbaroʻsidagi eshikda turishadi. Akmal choʻloqning sing-lisi oʻshatga tushgan. Shularning qizi. Koʻrsayiz taniysiz. Erkakshodagina edi, shu yoqdan baxti ochilibdi, — deb u yog‘ini aytmay qoʻya qolishardi.

Olim keyingi besh-oʻn yilda qaysi yurtda yursa — yurgan, bu qirq qizlar tarixidanu Qang‘lidan chiqqan birinchi deputat dovrug‘idan bexabar, eshitmagan ham chiqar balki. Lekin tagiga tangadek ham oftob tushirmay gurkirab yotgan sadaqayrag‘ochni yaxshi eslaydi. Choʻlpon otaning guzaridan qaytgan bozorchi borki, tagida birpas toʻxtab, g‘ir-g‘ir shabadada orom topmay ketmas edi. Qolaversa, sharqirab oqqan suv boʻyida, ustiga-ustak sada soyasida oʻltirish gashtiga nima yetsin. Uni kun tig‘iga qolgan yoʻlovchidan boʻlak kim ham bilardi.

Endi oʻsha ariq ham yoʻq, qay bir yerlari toʻlib, qay bir joylari koʻmilib yotibdi. Sadaqayrag‘och-ku bu ahvol: bironta shoxi omon qolmay, tekis qurigan! Nimaning kasofatiga, yolg‘iz Olloh biladi. Va eng yomoni oʻsha kasofatning kasri bir daraxtning oʻziga ursa mayli ekan, yoʻl yoqasidagi barcha xonadonlarni ham harob etib ketdi. U yoqda bir-biridan mahobatli imoratlar kim oʻzarga qurib yotilibdiyu bu yoqda egasi koʻchib ketgan hovlilar, tomi ochib tashlangan valongar uylar, nahrali devorlarning adog‘i yoʻq. Bu nimaning alomati? Bir gullagan joyning bir xarob boʻlishi-mi, oʻzimiz bilib-bilmaganga olib ketgan allaqay- si gunohlarimizning javobi-qaytimimi? Qaytar dunyo deganlari, bu dunyodayoq koʻrsatilayotgani balki shudir?!

Olim mahzun tortib qolgan edi. U kasofatning suvratiyu izlarini aniq-taniq koʻrib turardi. Adoqsiz harobatlar nimaning kasri, qaysi aynishlarning qaytimi — bilolmay boryapti. U yoʻg‘ida bu yoqlarda Ollohga xush kelmaydigan qanday ishlar boʻlib ketibdiki, oʻshaning jadiga jannatday joylar xarob boʻpti, xarobaga aylanibdi? Hoy, koʻzingizni oching, qayoqqa qarayapsiz, deb qaytaradigan bir zot qolmabdimikan? Yoki unaqalar allaqachon akasiga oʻxshab bu diyordan bosh olib chiqib ketishgan ekanmi? Otasi aytmoqchi, iymonlilar iymonini laxcha choʻg‘dek kaftida tutib, bir tog‘larga chiqib ketganda, bu yoqda satta iymonini yutganlar qolgan ekanmi? Yana otasi aytardilarki, ulamolar bir xil gunoh ishlarni koʻrib-koʻrmaganga olmasinlarkim, balo kelsa, omu xosga baravar kelgay. Bular oʻshaning misolimikan yo?

Har narsaga aqli yetgan Olim buni ham tushunganday boʻlardi-yu, tagiga yetolmasdi. Nimadir mone’lik qilardi. Nima ekan oʻsha? Balki oʻzining ham jindek gunohi borligi... yoʻl qoʻymayotgandir. Axir, kim adashmabdi, qoqilmabdi? Bilib-bilmay xatoyu gunohlar koʻchasiga kirmabdi? Muhimi, oʻsha xatoyu gunohlarni anglashda, afsuslanishda emasmi? Sidqidildan tavba eshigini topib borsa, qoqsa, karami keng zot nechuk kechirmasin. Mana, kech boʻlsa ham chopib yuribdi-ku. Jindek boʻlsa ham foydam tegib qolarmikan, deb! Jigarimning jigarlarini toparmikanman, deb. Ular qanday oʻrama-girdobga tashlangan ekanlarki, butun boshli xonadon shunday toʻzib ketsa, hali-hanuz yig‘ib boʻlmasa, har tomonga sochilib ketgan u jigargoʻshalarni?

Biz oʻzi kimmiz, nedurki, kindik qonimiz toʻkilgan ota yurtda bir boshpana, bir vatan tiklab, volidu volidalarimizning chiroqlarini yoqib oʻtirolmasak? Oʻtiramiz deb kelganda sen tanigan, bilgan, izlagan u makonning oʻzi yoʻq boʻlsa? U diyorni yodga soladigan nima ham qopti? U Izzaning bir boʻlagiyu anavi turgan yerida qurib bitgan sadami? Yoxud kela kelguncha ham tugamayotgan adoqsiz — hali surib tashlab ulgurilmagan xarobatlarmi? U diyor yoʻqliqqa koʻchib boʻpti-ku!

U jilla qursa, bir vaqtlar oʻzlari choʻmilib-tuproqqa yotib, yana suvga kalla tashlab charchamaydigan oʻsha Murjimonning anhoriyu koʻprigi omon qolgandir, hovlimizning oʻrnini oʻshandan tanisa boʻlar, deb kelyatuvdi. Hov, u ayqirib oqqan anhor suvini unutib boʻlarkanmi? Hatto dovyurakroq bolalar suvda oqib borib, koʻprik ostiga kirib yoʻq boʻlib ketishardi-da, yana bir muddat oʻtib, boyagi-boyagiday chalqancha oqib chiqib kelishar (ana qahramonligu mana qahramonlik!), keyin oʻrab olgan bolalarning:
— Hecham qoʻrqmadingmi?
— Zig‘irchayam-a? — degan savollariga bosh chayqab turib olishar, hamma birdan «Vu-uy» deb yuborar edi! Endi unaqa oʻyinlarni topib koʻr-chi! Anhor ham yoʻq, koʻprik ham...

Chindan ham u koʻprikni payqamay oʻtib ketgan, Murjimon qayoqda qolibdi, deb esini yig‘ib olganda, ancha yerga borib qolgan, oldinda bir toʻp odamlar yoʻl chekkasidagi yuk mashinasiga nimanidir koʻplashib ortishmoqda edi.

Olim avvaliga koʻch shekilli deb oʻylab edi. Lekin yaqin borib, ustiga chirigan namat tashlab qoʻyilgan sanduqni koʻrib, yuragi hapriqayozdi.
— Ie, aytishganidek-ku! Namatga oʻrab koʻmilgan ekan-ku!

Yuk mashina atrofida koʻymanishayotgan kishilar orasida baland boʻyluk va allaqanday haybatluk sutchini koʻrib, yuragi toshib, oʻzi shoshdi. Yaqin borib, mashinasini bir chetga burdi.

Sutchidan boʻlak hamma sergak tortib, turgan yerlarida turib qolishdi. Ba’zi birlari hatto oʻzaro shivir-shivirga tushgan edilar.

Alohol Sutchi uni koʻrib, yonidagilarga bir nima deb edi, ular yengil tortishdi.
— Avvalroq aytmaysizmi! Oʻtakamiz yorila yozdi-ku,— dedi birovi baralla.

Olimning xayolidan esa, «qiziq, Sutchi nimaning hisobidan bularni xursand etadi ekan?» degan gap kechardi. Bir yonda oldi bilan tuproq surib, orqasi bilan yer kovlagich oʻti oʻchmay turibdi. Sandiqlarni kovlab olguncha hazilakam unnalishmagan koʻrinadi. Qolaversa, davlatni ishi boʻlsa, allaqachon tashlab, joʻnab qolishar edi. Tushunarli: Sutchini bugun koʻrishayotgani yoʻq. Uning shirinkomasiga mazaxoʻrak boʻlmagan odam bu yerda oʻralashib nima qiladi?! Olim ularni choʻchitgisi kelmadi:
— Hormanglar, yaxshilar.
— Bor boʻling.
— Keling, mehmon, — dedi Sutchi koʻrishgani chiqib. — Uzr, kutolmadim.

Olim bosh silkidi:
— Yaxshiyam Mirtoʻxta amakidan soʻraganim...
— Ha, u kishimi? Koʻrib edilar, xabarlari bor edi. Amaki nimayu Oʻzbekiston radiosi nima!

Keyin azza-bazza engashib, qulog‘iga shivirladi:
— Zab paytida keldiz. Bular nima, bilasizmi? — Soʻng uning boshini oʻziga tortib, qoʻshib qoʻydi: — Eshon pochchamning xazinalari. Ona sutidan halol ekan. Qilt etmabdi. Ayniqsa, anuv mol terisiga oʻralgani...

Olimning boshi aylaniblar ketdi, oʻzi uning yuzidan koʻzlarini uzolmay, g‘udrandi:
— Siz... Siz qaerdan bilaqoldingiz? Yo oʻzlari... aytib edilarmi?..

Sutchi uning yelkasidan quchib, bu kafti bilan yuzini siypadi.
— Keyin-keyin, tarixi uzun buning, — dediyu, tushuntirgan boʻldi. — Muhimi, topib ketyapmiz-ku. Vasiyatlari ham shunday edi oʻzi.
— Qanday?.. — deb yubordi Olim ich-ichidan bir hovur koʻtarilib.

Sutchi har qachongidan xotirjam tortib eshon buvaning soʻzlarini qaytardi:
— «Kitobing Kalomullohni qiyomatga dovur asrashni oʻz zimmangga olibsan, oʻshal sandiqlardagi shariatingga daxldor narsalarni-da asra, oʻz egalariga yetkaz, ilohim. Qaytib mutolaa qilinishiga, ilmu rabboniyingdan foydalanib, moʻmin bandalaring hidoyat topishlariga erishtir. Birovlarning qoʻliga tushib, xor boʻlishiga qoʻyma», deb duo qilar edilar. Niyatlari mustajob boʻlgani shu, insha Alloh.

Boyagi hayajon necha tomchi yoshga aylanib, mijjalariga qalqib chiqdiyu Olim ilgari koʻrilmagan bir yengillik tuydi. Nimaga unga indamadilar, hech og‘iz ochmadilar desa, gap bu yoqda ekan-da. Oʻz xaloskorlariga allaqachon tayinlab qoʻygan ekanlar-da. (Albatta, unga ham tayinlagan gaplari — osonlikcha ado qilib boʻlmaydigan topshiriqlari bor. «Akangni top. Oʻsha bilan birga boʻl. Falonchining chiroqlarimiz desangiz, bir-biringizga suyanib yashanglar. Zinhor-bazinhor Ollohning hadlaridan chiqmang. Soʻz ber, akamni topaman, suyanchi yoʻq boʻlsa, suyanch boʻlaman, tayanchi yoʻq boʻlsa, tayanch boʻlaman de. Diyorga qaytib, qolgan umrimizni duoda, toat-ibodatda oʻtkazamiz de. Kimning zur-yodi ekaningizni, palagingizni unutmang. Boʻlmasa, qiyomatda menga yoʻliqishingizni oʻylang. Soʻz ber, bolam. Akam bilan, qarindoshlar bilan oʻrtani yaxshilayman, silai-rahm qilaman deb». Shundan beri nimaga chopib yuribdi? Oʻshanga-da hammasi. Dunyoda u kirmagan bitta shu koʻcha — silai-rahm koʻchasi qolgan ekan, shukr, kirdi unga ham)!
— Qaerga obormoqchisiz? Mendan nima xizmat? Balki, bularni rozi qilish... kerakdir? — dedi Olim sidqidildan kissasiga qoʻl yuborib.

Sutchi rahmat aytgan kabi yelkasiga qoqib qoʻydi.
— Oʻzim rozi qilib qoʻyganman. Faqat borib, tushirishib olsak, boʻldi. Siz qisinmang. Hali koʻp yordamingiz tegadi. Kelishdikmi? — dedi samimiy.

Olim rozi boʻlishdan boʻlak chorasi yoʻq edi:
— Kelishdik.

Quruvchilar bu orada ikkinchi sandiqni ham mashina oldiga surib borishgan, endi koʻplashib yopishishgan edi. Soʻng «bir-ikki-uch, oldik» bilan yuqoriga koʻtarishdiyu yengil nafas olishdi.

Olim qayrag‘ochzorli yolg‘iz mozorotning yonginasidagi hali koʻmib ulgurilmagan handaq oldiga oʻtarkan, nam tuproq isi aralash allatovur bir tanish hid gurkirab ketdiyu beixtiyor shu bog‘ va qarovsiz bu yolg‘iz mozorot atroflarini har koʻklam bosib ket-guvchi, soʻng uzun bosh chiqarib, toʻq zangor tusda gullab yotguvchi sassiq-sarimsoqzor koʻz oldiga kela qoldi.

Hozir oʻsha sarimsoqlar lola tupidek barg yozga- nu oyoq ostida toptalib, tuproqqa qorishib yotar edilar.

Hademay manavi yolg‘iz mozorot ham kusar topadi. Unga qaysi avliyo qoʻyilgan, nega u yolg‘iz edi, deb oʻtirishmaydi.

Ularning xoki-turoblarini koʻchirish yoxud asrab-oʻrab qoldirish — kimdan lozim, oʻzi?

Olim umrida birinchi marta shunday narsalar haqda oʻylamoqda edi.

Arg‘amchisidan Ajrab Qolgan Turnalar (yoxud qissagoʻyga qorong‘u, muallifga ayon tarix davomiga)

Bog‘ adog‘idagi noklar tagida quvalashgan qorashaqshaqlar ham axiyri devor oshib, anhor boʻyiga tushib ketdilar. Gullarini sochqidek sochib boʻlib, endi qaychibarglariga zoʻr berayotgan nok tuplari ustida asalarilar ilgarigidek g‘ujg‘on oʻynamas, hov pastdagi bukir jiydalar tomonga og‘ib ketishgan, oʻsha yoqdan har zamonda bol hidiga monand oʻtkir bir boʻy taratib, shabada esib oʻtar, Olim demaganlar hali hajga otlanmagan jiydagulining bir shoxchasini sindi- rib kelishga intiqib, oʻsha tarafga qarab-qarab qoʻyar-di.

Lekin oʻchoqdagi olov kutmaganda gurillab ketib, qozon tagidagi yolg‘iz tomchi jizillab-qaynab oʻzini har yon ura boshladi. Shu tobda mayda toʻg‘ralgan dumbani sola qolgani bilan yonidan jilib boʻlmaydi. Jizzasi kuyib ketishi mumkin. Kuygani-kuygan, koshki taxiri yog‘ga urib ketmasa. Keyin oshning ta’mi ham koʻngildagidek chiqmasligi tayin. Oʻzi ne umid bilan bozor qila chiqdi. Goʻshtni qovurib, zira-murchiyu savzisini bostirib qoʻysa, ustiga jindek tuz sepilgan jizzadan totingancha qariyaning suhbatini olishga nima yetsin!

Kitoblarni bugun sandiqdan bittalab olib, tokchaga terib chiqishguncha ham peshindan oʻtib qopti vaqt. Sutchi kamsuqum, kambag‘algina boʻlgani bilan hamma boyligi oʻsha tepadagi boloxonada ekan. Avvalboshda taqvodorgina, bor bisoti egnidagi uzun chakmoniyu kungrasi moʻynali anavi jubbasigina boʻlib koʻringan qariya anoyilardan emaskan. Surishtirib yurib, bir boloxona kitob yig‘ib qoʻyibdi. Hammasi satta qalin saxtiyon muqovali kitoblar. Kechagi sandiqlarning ichidan ham yuzga yaqin katta-kichik, avloddan avlodga oʻtib kelayotgan, chetlari oʻngib ketsa-da, ichiga gard yuqmagan, xatlari bir tiniq kitoblar chiqdi. Ayni rahmatli dadasining koʻz nurini toʻkib shogirdlariga dars bergan, yeru koʻkka ishonmaydigan kitoblari. Oʻshalar orasidan Gʻazzoliyning «Ihyoi ulum» asari chiqib, Sutchi bir muddat mutaassir turib qoldi. Keyin koʻzlariga surtib, muqovasidan oʻparkan:
— Din ilmini tiriltirib, joyiga qoʻyib ketgan bu zotning shu kitobi haqda koʻp eshitgandim-u, oʻzini koʻrishga muyassar boʻlmagandim. Ollohga shukr, otangiz tufayli shunga-da, erishib turibman. Bu kitob har kimda boʻlavermagan va har kim mutolaa qilavermagan uni, shunday, — dedi.

Olim uning bu tarz gaplaridan g‘alati tortib ketdi: padari buzrukvorining musofirchilikda, «diyorning bir siqim tuprog‘i nasib etmay oʻtib ketyapmiz, ilohim, bizlar koʻrgan judolikni sizlar koʻrmang», deya qilgan duolari yodiga tushib, koʻzlari namlanib keldi. Soʻng payg‘ambar siyratlari sirasidagi necha adad (oʻqilaverib titilayozgan) asarlar chiqdi. Ularning bittasi «Siyratun nabaviya» atalsa, boshqasi «Siyratul habibiya» edi.

Bu kitoblarning nomiyoq otasining qanday ulamo zot oʻtganidan darak bermoqda edi. Avvaliga, qarang-a, shunday kitoblarni oʻqishdan, varaqlashdan bebahra qolgan ekanmizmi, degan taassuf uyg‘ongan boʻlsa, ikkinchi sandiqni boʻshatishga tushishlari bilan nainki Sutchidan, oʻzidan oʻzi uyalib, vujudini bir xijolatpazlik qamrab kelaboshladiyu:
— Men hozir, — degancha pastga tushib, qozon-tovoqqa unnab ketaqoldi.

Oʻchoqqa olov qalarkan, ich-etini bir narsa oʻrtab kelardiki, u yog‘i yoʻq. Goʻyo oʻzi qozondagi anuv jizzaga qoʻshib, yurak-bag‘rini ham dog‘layotgandek, dog‘lab ola-yotgandek edi.

«Usta ekan bular, usta! Mana, uni oʻsha oʻqishlardan nimaga haydab solishmadi ekan! Chayonni bolasi — chayon deyishmadi ekan! Avval oʻz akamning qavatiga tashlab, soʻng izidan Tangritog‘ga joʻnatishmadi ekan! Faqat ular janubga tushib, biz shimolga tashlanib, Xudo asrabdi. Yoʻq-yoʻq, kimning ham saharlarda qilgan nolai-duosi ijobat boʻlib, bu kishi otamizni qoʻshib qutqarib, bizni oʻshayoqlarda uchrashtiribdi. Tag‘inam Olloh rahm qilibdi, birimizning payimizni boshqamizning qoʻlimiz bilan qirqishga qoʻymabdi. Oʻrniga ham padari buzrukvorimizga yoʻliqtiribdi. Xoʻp, otamizni qutqarib, sarhaddan chiqarib qoʻyishlarining hikmati shu ekan, akam-akaginamning ayolini bu yoqqa yuborib qoʻyib, Oʻzi u diyorlarda qolib ketuvining hikmati nima? Qanday tushunmoq kerak?» — Olim dog‘ boʻlayotgan yog‘da qizarib-quyishga-da kelgan jizzalarni kapkir bilan terib olishga ulgurmas, uni adoqsiz oʻylar oʻz girdobiga tortgandan-tortar edilar.

Nimaga keldi, sutchini nimaga tavof etib yuribdi, ketidan qolmay? Faqat otasining xaloskori boʻlgani uchunmi? Olloh roziligini istab shu ishga qoʻl urgani — mahbuslar orasidan oʻz odamiga qoʻshib olib chiqib, sarhaddan oʻtkazib qoʻygani va dim-dim ketgani uchunmi? Qolaversa, bu dunyoning hoyu xavaslaridan etak silkib, yolg‘izdan-yolg‘iz, kimlarning tashqisida turgani, faqat oqlik sotib, sutchilik bilan kun koʻrayotgani uchunmi? Otasi — Eshon buva ham bekorga ilojini qilsang, oʻsha odamni top — koʻp pokiza odam, demagan ekanlar.

Boloxonaning eshigi g‘iyq ochilib, tepada sutchi koʻrindi. U hozir hamma bilgan, chakkasini qiyiq ila tang‘ib, uzundan-uzun chakmonining barlarini belbog‘iga yengil qistirgancha bir gala boʻsh bonkalarni obkashiga qoʻshib orqalab yuradigan indamas sutchiga hecham oʻxshamas, yoqasiz oq koʻylak-oq ishtonda, kamiga boshiga jubba, engliga jun nimcha ilgan edi. Eski kitob-lardan bosh koʻtarmaydigan mulladan qaeri kam?!

U lopillagan yog‘och zinadan tutqichni ushlay-ushlay, bitta-bitta tushib kelarkan, yarmidan oshganda mayin jilmaydi:
— Nimaning hidi desam — jizzanikimidi? — dedi chollarga xos bosh toʻlg‘ab, besh ketib, — jindekkina tuz sepvoring-a, totiga tot qoʻshilsin.
— Sepdim, sepdim. Shu yerga joy qila qolaymi? — dedi Olim.
— Maylin, jizza seli bilan, deganlar. Oʻshanda-da, hamma maza! Soʻng asrni oʻqirmiz, — deb qoʻydi.

Olim stolga gazeta yozib yuborib, oʻrtaga taqsimchadagi jizzani qoʻydi, sutchiga ustalni hozirlab, oʻzi necha qishni koʻrgan yong‘oq toʻnkasiga oʻtirdi.
— Qani, bismilloh bilan men boshladim, — qariya jizzaning bir donaginasini og‘ziga solib, sel boʻlgancha, bosh toʻlg‘adi. — Imm, bay-bay, bu dunyoniki boʻlmabdi-ku, tuz bilan yig‘lab koʻrishibdi-ku. Oling, oʻzingiz ham.
— Olyapman, olyapman. Choyxona palovning gashti shu-da, — dedi Olim qariyaning koʻnglini topayotganidan iyib.
— Nimasini aytasiz. Bu dunyoning ne’matlari ichida unga yetadigani yoʻq, — dedi qariya non tishlab. — Lekin yomoni shundaki, keyin nafsni oʻldirolmay qiynalasiz, har kuni yog‘liq narsani tilayveradi bu itkoski, — deb qariyalardek shirin kuldi.
— Nafsni oʻldirishdan muddao osh emasmi? — dedi Olim unga qoʻshilishib kulib.
— Yoʻq, butam, oshdan muddao — shukr, shukrdan maqsad — nafsni oʻldirish. Hamma hikmat shunda, vallohi a’lam.

Ana, xolos! Mana, nima uchun u tarki dunyo qilgan odamdek bir chekkaga chiqib olib, sutchilik qilib yurgan ekan. Endi u yumushni ham tashlab, buzilayotgan joylardan kitob izlab, kitob terib qopti! Bilmagan odam nima qiladi, goʻriga orqalab ketadimi, deb oʻylaydi! U boʻlsa, aslida bular qilishi kerak boʻlgan narsaga — eshon otalaridan qolgan kitoblarni topib saranjomlashga yugurib yuribdi, kishini uyaltirib.

Olim qariyaning haybatimi, salobatimi bosib, xijolatga tushib bora boshlagan edi. Buni sezdirmaslik uchun ham u oʻrnidan turib, oʻchoqning oloviga alahsidi. Soʻng yana jizzaga qistadi:
— Oling, taqsir, sovumasin.
— Rahmat, oldim. Yetkazganiga shukr, judayam totli boʻpti. Endi asrga tayyorlana qolay, — deb yuziga fotiha tortib, tura boshladi va obdastaga suv olib, hovlining past tomoniga yuraverdi.

Olim mutaassirlandi. Bu odam padariga qilgan yaxshiliklar, u zotning har namozda uning otini duoga qoʻshishlari yodiga tushib ketdi. Toʻg‘ri, uning dargohida qolib, etagini tutib, oʻn yil xizmatini qilganda ham oʻsha bir yaxshilikni yo qaytara oladi, yo qaytara olmaydi. U hovli adog‘ida oq-oppoq boʻlib, bir ixtimat, bir duolar ila shoshilmay, mukammal tahorat olayotgan sutchidan koʻz uzolmay qolgan, nahot shu odam bizning idoralarda qaltisdan-qaltis, nozikdan-nozik topshiriqlarni ado etib yurgan, degan xayollarga tolib ketgan edi.

Ochig‘i, Olim bu odamga qay tarafdan yondoshishni bilmasdi. Aytsinmi, aytmasinmi?
— Agar umrim boʻyi savobga daxldor va Ollohga xush keladirgan bitta ish qilgan boʻlsam, yolg‘iz oʻshadir, otangizni chegaradan oʻtkazib qoʻyib kelganimdir, shoʻroning jabrxonasidan qutqarib, chiqarib yuborganimdir. Boshqa tarozu bosadirgan amalimni bilmayman... — deganiga ishonsa, aytaversa mumkindir. Maslahat solsa, boʻlar... Lekin xuddi oʻsha «ishi»dan kuyib qolgan, tag‘inam ozgina insof qilib, pensaga chiqarib yuborishgan boʻlsa-chi? Tilidan ilinib oʻtirmasmikan oʻzi? U shunday xayollarga borishga bordiyu ichkarida xuddi ming yildan beri ibodat qiladigan odamdek ixtimat ila namoz oʻqiyotganini koʻrib, oʻz xayolidan oʻzi uyaliblar ketdi.

Nihoyat, qariya namozini tugatib, hovliga tushib keldi.
— Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokotux...

Olim bu gal ham dog‘da qoldi. Salomga ulgurguncha... u kishi birinchi boʻlib salomga og‘iz ochdi. Yo rostdanam u shunday yaxshi qariyapti, yo...

Olim xijolat aralash yalt etib, uning yuziga qaradi: yoʻq, uning halimdan halim, nurli yuzida gidr alomatining oʻzi koʻrinmasdi. Demak, sutchi Payg‘ambardan qolgan sunnat tariqasida salomga oshiqqan, xolos.

Ular nok soyasidagi haligina savzi toʻg‘ralgan ustolning ikki chekkasiga, roʻparama-roʻpara choʻkdilar. Birlari oʻngib ketgan eski ustulga, boshqalari almisoqdan qolgan toʻnka ustiga. Ungacha Olim choy damlab keldi, uni ikki-uch qaytarib, ustiga sochiq yopdi. Soʻng Sutchini choyga qistadi:
— Oling, ustoz. Jizza chanqatgandir. Chindan qora qoʻchqorniki ekan. Qassob aldamabdi.

Oʻchoqda olov tez ham emas, sekinlab ham qolmagan, qozonda savzi bir tekis qaynar, qoʻlidanmi qaydan, zira hidi anqir edi.
— Aldamasa, rozi boʻlib bersa, qanday yaxshi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vassallam shunday tijorat-savdoning zoʻri, kishi naqd oxiratini topadi, deganlar. Qarab turasiz, u qozonga ham barakayu tot kirgizib yuboradi. Zoʻr chiqadi oshiz ham, — dedi Sutchi bir narsadan shuncha hikmat chiqarib.
— Obi-otash, uyaltirmasin ishqilib, — dedi Olim.
— Hammadan ham kecha Eshon pochchaning mana bu xazinalari topilgan kunda yetib kelganiz-chi! Ruhlari behad shod boʻladigan boʻldi.
— Olloh oʻzi dilga soladi, shekilli, turib-turib va’dam esimga tushib ketaverdi, — dedi Olim birdan Sutchini topgisi, topib otamlashgisi, allaqancha narsalarni soʻragisi kelaverganini eslab.
— Dilga solganda-chi! Agar tiriklar belgi berib sog‘intiraversa, ziyorat qilmoq lozim. Oʻtganlar tushga kiraversa, tilovat afzal. Bu dunyo shunday qurilgan. Birida topilgan savob, ikkinchisida asqotgay. Yelkada tog‘day gunohlar bilan oʻtib ketishdan Ollohning oʻzi asrasin.

Olim bir dona jizzani chaynagan joyida og‘zi kakra tortib, yutishini ham, yutmasini ham bilmay boʻg‘zida turib qoldi. Qolaversa, u nimaga kepti? Qariya xuddi bilganday oʻsha ezib yotgan tog‘day gunohlardan soʻz ocha-yotgan edi. U oʻsha achchiq narsani (namak ham shunchalar taxir boʻlarmi?!) zoʻr bilan qult yutib edi, azbaroyi mijjalaridan tirqirab yosh chiqib ketdi. Qariyaga sezdirmaygina u yoshni kafti-la sidirarkan, koʻkragining tagi simillab sirqiradi. Koshki bu yelkadan ezib yotgan narsani dabdurustdan birovga aytib boʻlsa!.. Aytganda ham tushuntirib boʻlsa! Oʻzlari bir qorindan talashib tushgan — ikki jigar, xolos. Padari buzrukvorlaridan keyin suyanadigan kimlari qoldi? Lekin ularning yurishlari... bu ahvol. Toʻzigandan toʻzib... Birlari ikkinchilariga bir hamiyat qilolmay... Yig‘inolmay... har qaysilari har diyorlarda...

Olim choy quyaturib, sergak tortdi:
— Uzr, ustoz, soʻramay qora choy damlayveribman, ichaverarmidingiz? — dedi qariyaning ra’yiga qarab.
— Hechqisi yoʻq, — dedi Sutchi, yengil bosh silkib. U hozir keng oq yaktak ustidan yengil nimcha kiygan, boshida ham koʻklam havosiga monand duxoba taqiya bor edi. Shu oʻtirishida taqvodor namozxondan koʻra ilm ahliga koʻproq oʻxshab ketardi. — Jindek koʻkchoy tashlab yuboring, omuxta boʻladi-qoʻyadi. Bu faslda omuxtasi ma’qul.
— Yaxshi aytdiz, — Olim koʻrgan tokchasidan quruq choy olib chiqib, kamiga qaynagan suv buradi. — Shuning ustiga jindek kiyik oʻti boʻlgandami, — dedi nazarida oʻsha oʻt hidi gurkirab ketganday boʻlib.
— Oh-oh, jonivorni ichganiz sayin tan rohatlanadi bir, —dedi Sutchi xuddi oʻsha rohatni tuygan kabi, — endi guzar bu ahvol, kim ham Chorsuga tushardi bitta shu narsa uchun. Oʻzi tog‘da bitsa.
— Shuni ayting. Ammo oʻzi juda beor narsa ekan, butun-butun maydonlarni tutib ketgan-a, terib ado qilib boʻlmaydi.
— Qaerda koʻrdiz? Tangritog‘ tomonlardami?
— Ha-da, hatto bir kuni qishda qor tagidan terib kepmiz jonivorni. Quruq choʻpi qopti-yu, shunda ham och oʻsma rangda dam yeb, gurkirab chiqsa deng.
— Olloh oʻzi mahfuz. Eng noyob, eng nodir narsalarini oʻsha yoqlarga sochib, oʻsha tog‘larda saqlagan. Hatto diniyu iymonini kaftida laxcha choʻg‘day tutib qochgan bandalariga ham oʻsha tomonlardan panoh bergan Olloh. Koʻrgandirsiz, axir? — dedi Sutchi endi omuxta choydan lazzatlana-lazzatlana hoʻplarkan.
— Koʻrdim-koʻrdim, — dedi Olim shoshib ham allaqanday oʻng‘aysizlanib, — shu yoqdan bosh olib ketgan alla qancha kishilarni. Surishtirsa, balki hammalari musofir chiqar...
— Albatta, u yerni ham bu dunyoning sog‘inch diyori deb boʻlmaydi. Orzu qilma har yerni, har yerda bordir tosh-tarozu, deganlar. Oʻsha joyda ham zulm urug‘ini sochguvchilar bilan bu hayotning taxir suvlarini ichguchi mazlumlar istagancha topiladi. Shunaqa. Bu imtihon dunyosida hech kim sinovdan qochib qutulolmaydi. Va odam bolasi biron yerda oʻziga jannat qurolmagan, qurolmaydi ham.

Olim yalt etib suhbatdoshining yuziga qaradi. U bu gapni juda xotirjam, hech pisandasiz, hatto ishonch-la aytmoqda edi. U hayratda qolib:
— Dorilomon zamon, dorul diyor degan gaplar-chi, ustoz? Hammasi behudami?.. — deya oldi.

Sutchi mayin jilmaydi:
— Orzuga ayb yoʻq. Ne-ne saltanat soʻragan hukmdorlar oʻtdi. Horun ar Rashidday, Iskandarday. Ne-ne islohotchilar kelib ketdi, har dorilomon jamiyatlarning tuzugini tuzib. Lekin kim zulmni ildizi bilan yoʻqotoldi? Hamma teng, hamma baxtiyor, odil bir jamiyat quroldi? Negaki insonning oʻzi avvalboshda qusurli yaratilgan. Oʻzi qusurli boʻla turib qanday komil jamiyat qursin?..
— Bu gapizdan, — dedi Olim g‘alati tortib, — bu gapizdan oldingiyu keyingi barcha urinishlar behuda, barchasi besamar, deysizmi?

Uning koʻz oʻngidan oʻz jigari, diyoriga sig‘may musofir yurtlarda darbadar kezishga majbur boʻlgan tug‘ishgani oʻtib, mijjalari namlanib keldi. Ichi sidirildi. Uning yuragi boʻg‘ziga dovur achishib kelgan edi.
— Albatta, inson borki, odil bir jamiyat istayveradi. Oʻziga oʻxshaganlarni orqasidan ergashtiraveradi. Kurashaveradi, tinmaydi. Lekin bu degani qura oladi, qoʻlidan keladi, degani emas.— Qariya hamsuhbatiga shirin boqdi, — Orzumga yetdim, qurdim, mana bunday boʻladi, degani bormi? Hamma bilmasa ham Siz bilasiz.

Olim beixtiyor bosh silkiganini oʻzi sezmay qoldi:
— Toʻg‘ri, qoʻyishmadi.
— Qoʻyishmasdi ham, — dedi Sutchi sovub qolgan choyini hoʻplab. Olim uning choyini yangilab, og‘ziga tikildi. — Jindek chegaradan chiqqan edilarki, nima qilishdi?!
— Soʻnggi farmoyishlarni aytyapsizmi? — Olim savoldan oʻzini tiya olmadi.
— «Tangritog‘ yolg‘iz viloyat, emas. Lashkar tayyor tursin... Soʻng Dorilomon diyor boʻlib yashagaymiz»dan keyin necha kun oʻta qoldi?
— Demak, bir bemavrid farmon deb...
— Biz shunday ta’bir etaveramiz: haddan oshmasalar edi... chegaradan chiqmasalar edi... Yoʻq, bular bari bizning noqus fikrlarimiz, xolos. Aslida taqdir yozug‘i, Xudoning xohlashi — shunday. Tamom, vassalom,— dedi qariya hammasini bir tutum, bir qolipga sola qolib.
— Shuncha harakat, urinishlar-chi? Ularning zoe ketishi-chi! Bu ham bir imtihon, bir sinov, xolosmi?— dedi Olim qariyaning mushohadasidan hayratga tushib.
— Shu. Sinovdan boʻlak narsa emas.
— Unda... inqilobdan murod, shuncha moʻmin-musulmon, boturlarning sa’yi-harakatlari puchga ketishining hikmati nima? Oʻsha inson bolasining behuda urinishlariga borib taqalaveradimi yana?

Qariya miyig‘ida kulibgina qoʻya qoldi. Boshqa tomondan yondoshib dedi:
— Mana, Siz oʻsha vaqtda shu voqealarning ichida yurgan odamsiz. Xoʻp, toʻramni oʻljangiz koʻp, qurol olmaysizmi, sotiladigan yarog‘ bor debmi, boshqa narsa debmi, ishqilib avrab oʻg‘irlab ketishipti. Lekin nega shuncha boturlar, dorulomonchilar ichidan u kishining yoʻlini davom ettirib keta oladigan bir murobit chiqmadi? Chiqqanida ham tinch qoʻyisharmidi?

Olim oʻzi ham u mamlakatga nimaga tashlanganini eslab, soʻnikib qoldi. Darvoqe, koʻz-quloq boʻlib turgan, ichida yurgan, topshiriq olgan maxsus odamlar, maxsus xizmatchilar qancha edi. Ularning vazifasi aniq edi-ku.
— Oʻsha yetim qolgan hukumat butun tarkibi bilan muzokaraga borib, nimaga erishdi, nima topdi? Mendan koʻra yaxshiroq bilasiz.

Olim yalt etib, suhbatdoshining koʻziga qaradi. Oʻzi bilmagan narsalarni bu qariya miridan-sirigacha biladigandek tikildi.
— Oʻsha hukumat a’zolari tushgan uchoq qismati haqidagi gaplar qanchalik haq, ustoz? U chindan toqqa urilib ketganmi, yo?..
— Yolg‘iz Olloh biladi, bandasining taxminlari folbinning foliday gap, boʻtam.

Olim uning nima demoqchiligini tushundi:
— Bu narsa hali-veri ochilmay — sirligicha qolgaymi?

Qariya bosh irg‘adi:
— Sir pardasini koʻtarguchi kuch hali-veri sahnaga chiqmagay. Rasmiy axborotlar berilmaganidan bilavering.
— Men bir narsaga tushunmadim, — dedi Olim rostiga koʻchib. — Nima, xalq g‘alayon koʻtarishini kutish kerakmidi? Ta’ziya berib qoʻya qolsalar oson emasmidi, mish-mishlar yoyguncha?..

Sutchi «soddasiz, sodda», degan kabi miyig‘ida kulib, ensasini siladi. Savoliga savol ila:
— Mish-mishdan kuchli nima bor?! U oʻz mevasini berdimi ishqilib? — dedi.
— Qanday?
— Ular oʻligini boʻlsa-da, talab qilishdi, bular olib borib qutulishdi. Shunday boʻldimi, axir?
— Shunday.
— Men-ku bu yoqdagi odam, voqeaning mantig‘idan chiqib, aytyapman, — dedi qariya oʻsha-oʻsha bosiqlik bilan. — Lekin Siz... ichidagi odam u g‘alayon, u koʻtarilish, u motam kunlarining butun dahshatini koʻrgan boʻlsangiz kerak?

Olim mutaassirlanib, bosh silkidi:
— Temir tobutlar borgan kunni aytasizmi?.. Hech qavmning boshiga solmasin, koʻrsatmasin u kunni, — dedi tin olib, — butun yurt, butun Tangritog‘ aza tutdi.
— Tushunaman. Tasavvur etyapman. Endigina ozodlik nash’asini totgan, yelkasiga oftob tekkan xalq... yetim boʻtadek boʻzlab qolaversa, qiyin-da.
— Nimasini aytasiz, mening oʻsha koʻrganim bir umrga yetadi, — dedi Olim yana toʻliqa boshlab.

Sutchi sovub qolgan choyini simirib, xuddi temirga suv berilgandek tuydi oʻzini. Orqasiga suyanib, tepalarida koʻklam yellarining podasiday toʻzib yurgan oʻrkach-oʻrkach bulutlarga tikilib qoldi-da, yana koʻzini tushirdi.
— Sizlar oʻsha kunlari oʻsha hayitnamozlik maydonida boʻlgansizlar-da?
— Ha, topshiriq bilan, bitta qoʻymay oʻsha yerga chaqirib olishdi. Borib, xalq orasida turganmiz.
— Eshon buvam-chi? — dedi qariya kutilmaganda suhbat asnosini bu yoqqa burib.

Olim bosh toʻlg‘adi:
— Yoʻq, chiqa oladigan holda emasdilar. Men xabarlarini topib borganimdayoq juda munkillab qolgan ekanlar. Lekin namozni kanda qilmasdilar. Tahoratsiz oʻtirolmas, zikru sanodan boʻshamasdilar. U yoqni koʻrgan odam — juda hilvirab qolgan ekanlar. Koʻpga bormadilar.
— Tag‘inam koʻrib, duolarini olib qolibsiz, — dedi qariya taskin berib. — Bu ham katta davlat.

Olim koʻngli buzilib, qanshari aralash ensasini siypab qoʻydi:
— Ollohning mehribonchiligiyu asrashi, deyavering! Daraklarini topmasam, koʻrmasam — nima qilarkanman?! Tip-tikligimcha qolarkanmanmi! Eslasam, yuragim orqaga tortib ketadi hozir ham.

Qariya unga sinchkov qarab qoʻydi. Bu gaplardan jindek shubhalandi ham. Ammo nima boʻlganda ham roʻbaroʻ-sida eshon buvamning zuryodlari oʻtirar, undan shubhalanish — shakkoklikka oʻxshab ketar edi. Oʻldimi! Kim boʻlganda ham padaribuzrukvoriga boʻlishgan odamga yomonlik sog‘inadimi? Istagan taqdirda ham Olloh izn bersa qiladi-da. Izn boʻlmasa, kim bir dona moʻyiga tegina oladikan?

Tanlarni yayratib shamol huvillab oʻtdi. Nok gullarining qolgan-qutganlarini ham uchirib-tushirib, hovli yuzida chirpirak qilib oʻynadi-oʻynadi-da, uy taglariyu ostona ostlariga toʻdalab, tashlab ketdi.
— Havoi-jahon chindan aynidi shekilli, — dedi qariya boyagidek osmonning bulut toshib, tekis egallab borayotgan burjlariga nazar tashlab. U allaqachon oftobni oʻz qora pardasiga oʻrab boʻlgan, uning botib ketmaganini hov bir chekkadagi, hali qora bulutlar toʻdasi yetib bormagan joydagi kaptar qoniga boʻyalgandek yakkam-dukkam pag‘a bulutlardan bilsa mumkin edi.
— Qozonni oshxonaga koʻchiramiz shekilli. Yo gurunchni solib yuborsam, dam yeb ulguradimikin-a? — Olim olovga oʻtin tashlashini ham, tashlamasini ham bilmay koʻkka alangladi. — Kunbotar tomonlar hali tinch shekilli?

Sutchi oʻsha yoqlarga zingil tashlab, fikriga qoʻshildi:
— Tinch-tinch. Yog‘ib boshlasa, tim qoʻrg‘oshin tusga kirardi. Gurunchni solib yuboravering. Hali oʻtiraturamiz. Endi gashtli boʻlyapti.

Olim avvalo oʻchoqdagi oʻtni koʻtardi. Gurunchni yuvib kelib, bir tekis bostirdi. Suvi kamroq koʻrinib, kapgir ustidan bir choʻmichgina qaynagan suv quygan boʻldi. Qaynab chiqa boshlagach, yog‘och qoshiq bilan gurunch orasini yorib, qayta ag‘dardi. Tobiga kelgach, yana gumbaz qilib yig‘di. Oʻchoq ostidan ortiqcha choʻg‘u chalalarni tushirib, boyagi tog‘oracha bilan damlashga tutindi.

Xayolga tolib ketgan qariya hiyla dunyo koʻrgan, kirishimli hamkasbini oʻylab ketgan, har narsa qoʻlidan kelishiyu topqirligiga havaslanib oʻtirar edi.

Ayniqsa, uning fikrlashi, turib-turib mutaassirlanib ketishi yoxud gunohkor odamday soʻnikib qolishi qiziq tuyulmoqda edi. Bu toifa odamlar ichida kamdan-kam uchraydigan hol. U bilan nima sodir boʻla qolibdi ekanki...

Olim qoʻlini chayib kelib, artinarkan:
— Choyni yangilaymi, ustoz? — deb taraddudlandi.

Qariya bosh toʻlg‘adi:
— Keyin, hozir ayni oʻtirishli havo boʻlyapti. Afsuski, supamiz yoʻq. Boʻlmasa, yonboshlab oʻtgan-ketgandan suhbat qurishga nima yetsin edi.
— Hali ham kech emas. Hov, darvozaxonaning bu burchagiga joy qilvoraymi? Bitta sholcha, ikkita koʻrpacha boʻlsa, bas-da, — dedi Olim kaftini kaftiga ishqab.

Qariya unamadi:
— Qoʻying, hozir koʻchsak, jirish buziladi. Undan koʻra boriga baraka, oʻtiring, — deb mulozamat qildi u suhbatni kelgan joyidan ulab. — Boyadan beri bir narsani soʻramoqchi boʻlaman. Sizlar Eshon pochchamdan necha oʻg‘ilsizlar? Ikki oʻg‘il, xolosmi?

Olim joyiga oʻtirayotib, qariyaning betiga qarab qoʻydi. Shubhalansa-da, javobdan qocholmadi:
— Ikkitalikka ikkita, nima edi?
— Kenjam, toʻng‘ichim deb, koʻp gapirardilar-da.
— Ha-a, — dedi, biroz yengil tortib.
— Ayniqsa, Sizdan koʻp tashvishlanardilar. Hali esini tanib ulgurmab edi, kimlarning eshigida qoldikan, deb koʻzlariga yosh olganlari-olgan edi.
— Akamni-chi? — deb yubordi Olim oʻzi ham kutmagan bir tarzda.
— Sultonmurodnimi? U tegirmonga tushsa, butun chiqadi, undan qoʻrqmayman. Lekin bunisi, suyagi qotib ulgurmab edi, derdilar.

Olimning yuziga shu gap chindan soya solib, oʻzi soʻnikib qoldi. Soʻng yuzini ishqab:
— Lekin menga tamomila boʻlak vasiyatlar qildilar, — dedi.
— Qanday? — deb hayratlandi qariya.
— Akangni top. Iloji boʻlsa, qanoting ostiga ol. Endi mendan yolg‘iz sizlar qolyapsizlar. Goʻrimda tinch yotishimni istasangiz — oʻrtani yaxshilaysiz. Jigar-goʻshalardek bir-biringizga suyanib yashaysiz. Islom mana shu. Ota rozi — Olloh rozi. Bizdan keyin boʻlinib ketsangiz — u dunyo bu dunyo rozi emasman. Qiyomatda menga roʻbaroʻ kelishingizni oʻylang, derdilar.
— Xudo rahmatiga olsin. U kishidan boʻlak odamdan chiqmagay bu xil gaplar, — dedi qariya mutaassirlanib, — Har soʻzlari tillaga teng u kishini endiyam topinglar-chi, topolmaysiz. Demak, vasiyatlarini quloq qoqmay ado etishga majbursiz.

Olim yer ostidan qariyaga qarab qoʻyib, yamlandi:
— Kelishimning boisi ham shu...
— Xoʻsh-xoʻsh? — deb shoshib qoldi qariya. — Mendan nima lozim?
— Yordamingiz...
— Bajonidil. Tortinmay aytavering. — Qariya kaftini uning qoʻli ustiga tashladi. — Odamdan qoladigani shu-ku...

Olim kipriklari namlanib, u kishiga qaradi:
— Bilaman, — dedi allaqanday toʻliqib. — Bu xususda sizdan boʻlak kimga ham og‘iz ocha olardim. Rahmatli dadam, endi bilsam, juda og‘ir vazifa yuklab ketgan ekanlar. Akamni qanday topdimu qanday olib oʻtdim. Bir yoʻlini koʻrsatingki, six ham kuymasin, kabob ham. Qiyomatda ham yorug‘ yuz bilan bora olayluk padaribuzrukvorimiz oldilariga.
— Sultonmurod oʻzi qay diyorda? — dedi qariya bu gaplardan xabarsizdek.
— Gap shundaki, akam bizdan ancha oldin bu yoqlardan bosh olib chiqib ketgan ekan. Qayoqqa — bilmasdik. Keyin eshitsam, ular toʻramga qoʻshilolmay qolishgan ekan.

Sutchi yalt etib, uning yuziga qaradi:
— Toʻramning soʻnggi farmonlari shularga tegishli ekanmi?
— Shunday. Aftidan ular oʻsha yoqda alohida qoʻshin tuzib, buyruq kutib turganlar. Buyruq kelishi-la ichdan yorib chiqib, Ozodlik armiyasiga qoʻshilmoqchi boʻlganlar. Natijani bilasiz. Toʻramni oʻrtadan koʻtarish bilan hammasiga barham berildi. — Olim hech kimga aytilmaydigan, og‘iz ochsayoq bosh ketishi mumkin boʻlgan xabarlarni Sutchiga aytib qoʻyib, oʻzi uning koʻziga qaray olmay qolgandi. (Gunohi kammi oʻzining ham? Xohlasin-xohlamasin, yashirsin-yashirmasin, bedodliklarga sherik, axir.)
— Xoʻ-oʻ-oʻy, koʻrib-bilaturib ildizi bir, shajarasi bir, ka’basi bitta xalqqa shunchalar jabr! — deb yubordi qariya va joyida oʻtirolmay turib ketdi.— Olloh kechirsin. Hammamiz gunohkormiz: tomoshabin boʻlib turganlardan ichida yurganlargacha. Oʻzi kechirmasa, kim ham kechirolgay.

Oʻng‘aysizlanib, Olim ham turib oldi. Qariya hushi oʻzida yoʻq, nari borib, beri kelaru bosh toʻlg‘ab, qoʻl silkishini qoʻymas, qarg‘anarmi, ingranarmi, Ollohdan oʻziga tavfiq soʻrarmi, bilib boʻlmasdi. Jazavaga tushgan avliyolar kabi, darveshlar kabi javrab-javranib:
— Hay, tag‘inam yer yutqizmaysan, tag‘inam osmon toqini bir varaq qog‘ozdek oʻrab, yig‘ishtirib qoʻya qolmaysan. Tag‘inam rahmdilsan, oʻzing Rahmonsan, — deya istig‘forlar aytar, mag‘firatlar tilar, ora-orada omu xosni oʻzing asra, deb qoʻyardi.

U qariyaning tinchishini, oʻziga kelib, hovuridan tushishini miq etmay kutarkan, shu tob uzoqdan, oʻrkach-oʻrkach bulutlar tuya karvonidek koʻchgan koʻkning bir allaqaysi burjidan juda tanish ham ohanraboday oʻziga jalb etguvchi bir sas, bir sado kela boshlab, bu oʻziga qayta jon bag‘ishlagandek, oʻsha ovoz, oʻsha saslarga mahliyo tikilib qoldi. Ular osmon toqida, bulutlar orasiga arg‘amchi tashlab, bir-birlarini chorlashib, «qur-ey, qurey»lashib kelar edilar.
— Qarang, ustoz, kechikkan turnalar-ku. Borar manzillarini yoʻqotib, sarson qolgan jonivorlarning keluvini qarang, — deb yubordi oʻzi sezmagan holda. — Turnalar kelib boʻlmaganmidilar?
— Yoʻq, ayni mavridi, — dedi oʻziga kelib qolgan qariya kaftini peshonasiga qoʻya boshlab. — Faqat bu yil koʻklamning oʻzi erta keldi. Endi bular qanotlari ostida chinakam saddipokni olib kelmoqdalar. — Keyin hotirjam joyiga qaytib, qoʻshib qoʻydi. — U biz — nazarimizda erta kelib, erta ketayotgandek bu dunyodan koʻngil uzolmaymiz. Aslida esa biz ham shu turnalardek har birimiz oʻz mavridimizda bu sinov dunyosiga kelib ketgaymiz. Mangusi u yoqda.

Olim bu dunyoning juda koʻp sir-sinoatlariga aqli yetadigan bu qariyaga nima deyarini-da, bilmay turib-turib, u ham joyiga choʻkdi va uning oʻzi bir nima deyishini kutib, jim qoldi.

Qariya uni koʻp ham kutdirmadi. Yuziga bir qur qarab olib:
— Ammo-lekin Eshon buvamning bilganlari bilgan. Qanchalik og‘ir boʻlmasin, arvohlarini rozi qilasiz. Undan beriga bu diyorlarda tup qoʻyib, palak yoza olmagaysiz. Sultonmurodni toping, — dedi u.
— Toparman ham, koʻndirarman ham. Lekin keyin bu diyorga qanday qaytgaymiz? Qoʻygaymilar? — deya oldi Olim ichidan toshib kelayotgan hislarini jilovlay olmay. — Qanday qil, deysiz?

Sutchi kutilmaganda unga suyib tikildi. Yuzidami, soʻzidami (balki yuragining tub-tubidadir) dovqur odamlarga xos bir alomat, bir belgi koʻrib, nogoh shavqi keldi:
— Balki Ollohga tavakkal qilarsiz; «Hasbunallohu va ne’mal vakil», deb?! Mushkullarni oson etguvchi Oʻzi bor-ku, axir?! — dedi qariya yuzi allatovur yosharib ham nurlanib kela boshlab.

Ana shu nur ortida najot bordek Olim ham undan koʻz uzolmay qolgan edi: «shoyad, shoyad, shoyad Oʻzi qoʻl-lasa».

Husni Baloliq Kunlar (mahfuz xatlar davomiga)

Aybga buyurmagaysuz, Sultonmurod aka, shu holda (koʻzim yoshluq, qalbum dog‘luq) xat boshladum. Ne qilayki, ichumga chiroq yoqsa — yorimas, bu xoʻrluk, bu sitamlardan tinmayur hech koʻz yoshlarum.

Yaxshiyam tun bor, bir uyga kirub ketub tuyguncha yig‘lamoq-siqtamoq mumkun, oʻz oʻksungga oʻzung qonmoq mumkun.

Yaxshiyam yostuq bor, bir tamoni hoʻl boʻlub ketsa, boshqa tarafin oʻngarmoq mumkun. Yaxshi niyat yarim mol. Zora tushlarim ham oʻngudan kela boshlasalar...

Yaxshiyam qog‘oz bor, qalam bor, og‘iz ochub boʻlmas dard-laringni, alamlaringni unga toʻkmoq mumkun, tog‘ koʻtarolmagay dardlarnu u koʻtargay.

Yaxshiyam Siz borsuz, bu dunyoning bi-ir chekkasidagi yorug‘ yulduzdek, shu borlugingizga, bir kun kirub kelaringizga ishonub, tishimnu tishimga bosgayman, chidagayman. Axir kechaning ham soʻnggi bor, alam-angiz kunlarning ham nihoyasi. Boshqa nimagayam umid tutgayman, men boyaqishgina?

Hozur... zora yengil tortsam deb hasrat daftarimni ochdum Sizga. Bilasizmu, nazarumda roʻparamda oʻltirgandeksiz. Ha-ha, oʻltirub olursiz-da, (suvratizmas, yoʻq oʻziz oʻtirgandeksiz) hatto, ba’zan achchig‘lanib, oʻpkalanib, bir soʻzlar aytivorsam, gunohkor kishiday bosh silkib qoʻya qolursiz.

Ayting, chin soʻzingizni ayting menga. Meni bu diyor-larga joʻnatib qoʻyub, oʻziz qay yerlarda qoldiz? Faqat har oqshom mana shunday mehmonim boʻlub oʻltirursiz. Shunga-da shukr. Qarshimda jim oʻltiruvingizga-da shukr, achchiq-tirsiq soʻzlarimnu, ginalarumnu tinglaganingizga shukr. Shu bahona ichumdagilarnu qog‘oz betiga toʻkib, sal boʻlsa-da, yozilub olurman. Boʻlmasa, biravgada aytishga uyatlu. Shunday kunlarga qolmishman, «kun desa kun, oy desa oy jamilangiz». Qay diyorlarga bosh olup ketup topgan Mahfuzangiz. (U soʻzlarungiz, erkalashlarungiz quloqlarum ostidan ketarmu! Ketmas qiyomatga dovur).

Siz-ku Ollohning inoyatu ila menga yetishub edingiz, men-chi bu ayriluqlarga chidab, Sizga yetisharmanmu? Yolg‘uz Ollohdan soʻraganum shu. Tong saharlardayu duolar ijobat soatlarda ichikib-ichikib, tavallo- lar etub soʻraganum, iltijolarumning boshiyu adog‘i shu.

Siznu deb kelub edum, Sizsiz bu diyor menga ne kerak? Faqat yodga soluvgami, ichlarmnu tirnab, xun-xun yig‘laturgamu? Sarhad oshish shunchalar qiyin boʻlubdimu? Ruxsat olish shunchalar uzun, shunchalar mushkul ekanmu? Qancha molchi choʻponlar soqchularning koʻzlarinu shamg‘alat etub kelishganida Sizday yovqurlar oʻtolmasanguz! Emdi qachon kelgaysiz ekan, biz musofirlarnu xursand etub? Qoʻli qisqa, nolasi hech yerga yetmas mushtiparlar himoyatuga?

Qaniydi bir imdod, bir xavar bersangiz-berdirsangiz. Yaxud bir chiroylu kechada Oydan tushganday kirib kelsangiz. Tog‘day himoyachumiz boʻlib, suyanchumiz boʻlub. Suyanchiqsiz, himoyachisiz qoldiq-ku biz, Sultonmurod akajon.

Kechagida kichigoyimning yolg‘uz oʻg‘illari, Sizning pakana pariyingiz, mening vaqt-bemahal ishongan himoyachum — qaynujonim Maqsudxoʻjamiz shahardagi oʻqishlarudan og‘rub kelub, rosa qoʻrqitivordula, oʻtakamiz yorilub, esxonamiz chiqtu. Kech tushganda qayerga yugurub, kimga borarimizni-da, qay yerdan tabib toparimiznu bilmay qolduk.

Tag‘inam-da, Olloh hafiz: yaxshiyam Siz biznikuga tushganda oʻsha Mirzabuva qirq kun meni yonlaruga olub, Sizni qaragan ekanlar. Oʻsha buvadan eshitganlarum foyda berdu, asqottu.

Miyalarinu qattiq shamollatub, boshlaruni-da koʻtarolmay qolub edula. Koʻzlarinu ochmay alahlar edularki, qoʻrqupla kettuk. Bunaqa mahal bosh og‘ruqqa yalg‘uz davo — shaqurlab qaynavotqan suv bila doka, chala siqib oʻrab qoʻymoq, deb eshitup edum. Shuni bosaverub, suv-suv terlataverub, uch kun deganda beri qaratub olubmiz. Kegin kelgan doʻxtur ham Xudo bir asraptu, oʻzlariz zoʻr tabib ekansiz, dep kettu.

Kichigoyum bugun Oqtepa degan joyga, Hoji doʻxtirga oborub keldula. Koʻp aytuvli tabib ekan, Maqsud-xoʻjani oʻqishlardan ozod etub, qog‘oz yozub berubdu. Qaynum:
— Vu-uy, bir yil oʻqishdan qolub ketamanmu, — degan ekanlar, kichigoyim:
— Bir yil sandan aylansin, men oʻnta bolani yerga berib-berib, seni topganman. Mani desang — bormaysan, — deb turib oldila.

Qishdan chiqdik deganimizda suygan ukayiz shunaqa xastaluk — miya og‘ruqqa uchrab oʻtirubdula. Olloh shifosini bersinu chakkalarida og‘riq turib, yuzlari boʻzarub kela boshlasa qoʻrqib-la ketavuramiz. Qoʻlimizdan hech nima kelmasini oʻylab, ichlarum ezilub ketavuradu nega Mirzabuvadan ijikilab soʻrab olmaganumga, hammasinu bilub olmaganumga. Xazina topub, tilla oʻraga tushub — hich nimasiz chiqqanumga. Qadri oʻttu tabib buvaning.

Bu koʻrguliklar ham biz bechoralarga holva ekan. Doʻppi tepchishub, kizak tikishub yurub edum. Koʻklam kelub kichigoyumni g‘alvaga qoʻyub ketishdi. Qaerdanam kelgan ekanman bularnukiga. Moʻndiga oʻxshamish bir maymoq adam otqa qiyshuq minup kelub qildu toʻpolonnu, qildu toʻpolonnu.
— Oʻziz dalaga chiqmaganiz-chiqmagan, kimni opkeb oʻtiribsiz? Yo ishga chiqadi, yo joʻnatvorasiz kelgan joyiga! — deb turib olsa deng.
— Chiqsam chiqay, kichigoyu, aytishmang shularminan, — dedum.

Qayoqda! Kichigoyum boʻsh kelmasdula:
— Sen atay kelgansan. Sultonmurodga oʻchakishib kelgansan! Lekin bilib qoʻy, erta-birisi kun oʻzi kelsa, shundoq qoldirmaydi. Kelinimizga qilgan zug‘umlaringni kechirub ketadi deb oʻylaysanmi? Burningdan buloq qilib chiqaradi hali. Bu oyoqqinangni ham sog‘ qoʻymaydi. Aqling borida esingni yig‘. Men buni, biravning qizini yashirib oʻtirganim yoʻq. Oʻz kelinumday gap. Uning oʻrnigayam oʻzim chiqaman. Shuncha yil dalaga chiqib oʻlmagan jonim, endi oʻlmas!— deb turib oldila.

Zoʻr ekanlar kichigoyum, biravga haqlariniyam, soʻzlariniyam bermaskanlar.

Ammo men unamadum.
— Yosh narsa men oʻtirub, Siz chiqasizmu, hich qachon, meni ket desangiz chiqasiz! — dedum.

Shu oʻrtada yana bir voqea oʻtti, uni yozmasam hamma narsa Sizga tushuniksiz qoladimu deb qoʻrqaman. Ular (kichigoyum, qaynum) oʻsha Hoji doʻxturga ketishganicha-ketishvotub edu. Tushga yaqin tashqarida birav chaqiradu. Chiqsam, Saida qiz. Marg‘ubangizning singilchasu. Mung‘ayib turibdu.
— Voy, kesunla, omanmusiz-esanmusiz, — deb uchubla bordum.

Aylanub-oʻrgulsam-da, kirishga unamasdu.
— Kichigoyumlarmu, kepqolishadu, Kiring, — dedum. Qayda.
— Bizga oʻziz keraksiz. Sizga kelganmiz, — deydiyu aytolmaydu gapini, yer soʻzadu faqat.

Ortida kim borakan deb qarasam, voy oʻlayki, oʻsha askar akasi, nomahram odam. Chekinub, titrabla kettum. Nima deyarimnu bilmasdum.
— Voy, siz qoʻrqmang. Akamni ikki og‘iz gaplari bor ekan. Yoʻq demang faqat, — deb meni quchoqlab, yupatub turupti qizgina.

Men ortimga yuriyverdim. Nuqul titrab-qaqshayman. Iqbor atin — ularning onalari oʻtgandan beri, oʻzumnu koyiganim-koyigan, nimagayam bordum, nimagayam koʻrindum qizi siyaqida deb. Men sababchi boʻlub qoldum deb. Hozir ham... Boʻlmasa, nimaga keladu?..
— Yoʻq-yoʻq, faqat bu yerdamas, faqat bugunamas. Hozir hech kim yoʻq, eshitkan, koʻrgan nima deydu... — deb unamasdum.

Saidasi ortimdan qolmas, yalinub-yolvorardu:
— Eshik ortidan boʻlsa-da, gaplashing. Oʻziz ikki og‘iz bir narsa deng. Oʻzizdan eshitsinlar, opam haqda.

Nimanu eshitadu, boʻlgan ish boʻlub oʻtganda, boʻyog‘i yitganda?

Alohal qoʻymadu.
— Maylin, faqat tez ketasizlar. Birav koʻrub, meni uyatga qoldirmaysizlar, — deb qaytdum.

Men eshik ortida turippan, titroqlarum soʻnmay, tirqishdanam koʻrinub qolmayin deb. Qochubgina, yergami, devolgami singub ketgudek boʻlub, mushttek boʻlub. Bu ahvolumdan, ichkaruda — parda ortida gaplashganum afzalmidi deb. Nima keragakan u kishiga? Nimanu gaplashmoqchu?

Saida koʻcha eshikni qiya ochub oʻrtada, ostonada turibdu. Askar akasi u tomonda, entikib, pishillashlari, betoqat yutinishlari eshitiladu, xolos. Men boyaqish, tirqishdan qorasuni koʻrub-da, qoʻrqub ketyapman, titroq bosub, ichimdagi qushchalar (ular xuddi qamalub qolishgan!) potirlaydular. Gapirsa-gapiraqolmaydumi, ketishsa keta qolmaydumi!
— U kishidan, oʻz og‘izlaridan eshitganum — Bahriddinga yetkazinglar deb buyurgan ekanlar, — dedum.
— Singlimizni Siz koʻrmaganmusiz? — dedi u hayron qolib.
— Qayda, — dedum oʻzim ham oʻksinub. — Faqat tarixlarini eshitdum, xolos.
— Oʻzi-chi, oʻzi qayda emish hozir?
— Makka taraflarda deb aytishdu. Olloh aziz qilgan, payg‘ambar oʻtgan yurtlarda emishlar.
— Bahriddin... kuyovimiz u yoqlarga qanday borib qolibdi? Qanday oʻta olibdi, hamma qirg‘in-barot, oʻlim maydonlarida jon olib jon berib yurgan bir paytda? Qochgan ekanmi? — dedi u allaqanday asabiylashub, ham jahli qoʻziy boshlab.
— Men bilmasam, — dedim, lekin behuda g‘azabalayotganlarinu eslatub qoʻygim keldi, — Lekin Siz tushuning. Har narsa Ollohdan. Oʻsha aziz yurtda topishtirmoqchi ekan, topishtirubdi, nikohlaridagi kishiga qoʻshibtu, suyunmak kerak. Dadamizning suyunib bir yerga yetganlarinu Siz bilmaysiz. Nima deganlarinu eshitmagansiz...
— Nima deb... edilar? — u shaxtidan tushib, jim qoldu.
— U diyorlarga kim yetdu, kim yetolmay ketti. Moʻminlarning Makkasi, Ka’basida topishibdimi? Odam Atomiz jufti halollarini topgan joylarda-ya, Arafotu Muzdalifalarda-ya? Qanday baxtli nikoh boʻptu. Qang‘lining Yakkabog‘ida boshlanib, payg‘ambar yurtida koʻrishtirsa! La ilaha illalloh! Chindan oʻzi Xuva ‘allo kulli shayin qodirdir! deb edilar. Siz suyuning, — dedim men.

U jim qolgan, eshik kesakisuni quchib olgan singlisi koʻzlarinu bilagiga bosib, hiq-hiq yig‘lar, men uni yupatgim kelaru, yaqinlasholmasdum. Nomahram kishiga koʻrinub qolishdan qoʻrqib qimirlolmasdum.
— Meni ishontirdingiz, rahmat, — dedi u bir mahal chuqur tin olib. — Koʻnglim tinch topdi singlimning taqdiridan. Men qoʻrqqan narsa roʻy bermapti, shungayam shukr. Endi aybga buyurmasangiz, unga bu yaxshilikni ravo koʻrgan odam haqda — Sultonmurod haqda soʻrasam. U qaerda? Koʻrsa boʻladimi oʻzini?

Men hammasidan ham shundan qoʻrqub edum. Oʻsha kungi yanishlarinu eshitub, tovonumdan sochumning tag-lariga dovur bir titroq kirub edu. «Ikki qoʻlim u dunyo — bu dunyo yoqasida!» degan soʻzlari... quloqlarum tagida jangillar edu! Hozir nima, avravotirmu?

Rostiga koʻchdim:
— U kishi... oʻtsalaroq kelar edilar. Daraklari yoʻq.

Saida qizning akasi hayronlanib, jim qoldi.
— Qiziq, u gaplar-chi, daragi yoʻq boʻlsa, qaerdan chiqibdi? — dedi singlisigamu, mengamu.
— Qaysu, qanday gaplar? — dedim men xavotirga tushib ham ichim sidirilub.
— Hali... bexabarmisiz, eshitmadingizlarmi?

Meni battar titroq bosdu:
— Nimadan, nima boʻptu?
— Axir hammayoqda duv-duv gap-ku.
— Nima deb?.. — deya oldim nafasum ichimga tushub.
— U qaytib kelganmish-ku, zoʻrlarning adabini berayotganish-ku, axir. Men kirgandir deb edim.

Ichimda: qaniydi, qaniydi! Ey, xudo, qaniydi kelgan boʻlsalar!.. devotibman-ku, tashimda tovshim chiqmaydu.
— Kirmadular, kelsalaroq kirar edular. Boshqa biravdir.
— Alhazar, unda kim uning nomidan ish koʻrishga jur’at etadi?! Yoʻq, Siz kuting. U kirmasa ham xabar berib qoladi. Albatta, xabar beradi. Negaki, odamlar bu uning ishi, Sultonmurodning ishi deyishmoqda.

Meni oʻz-oʻzidan yig‘u bosib kelyapti, nazarumda hammayoq charog‘on boʻlib, ich-ichimdan oftob chiqib kelyaptimu, bu sevinch yoshlarimu ajratolmiyman, tavba. Kelgan boʻlsalar, nega kirmaydilar? Xayollarga bandi boʻlib, bir daqiqa Saidani ham, akasini ham unutibman. Uning ovozidan choʻchib, oʻzimga keldum.
— Kelin, Sizdan iltimos, undan xabar boʻlib qolsa, mening omonat gapimni yetkazsangiz. Sizning tovkangizga qoʻshilishga hamisha shay bir odam borakan, deb ayting. Kim deb soʻrasa, oʻsha jafokash Marg‘ubaning akasi deng. U uzulgan nikoh rishtalarini qayta ulagani haqqi-hurmati, bizning avlod ustidan bir umr-lik tavqi la’nat tamg‘asini olib tashlatgani uchun umrbod qarzdormiz undan. Shunday deb ayting, kelin. Qachon mening yordamim kerak boʻlsa, mana, Saida bor, bir og‘iz imdod berdirsangiz kifoya. Aytgan zahotingiz yetib kelgayman. Xayr, omon boʻling, oʻsha mard birodarimizga salom ayting.

Mana shundan keyin xalovatum yoʻqoldu. Tiq etsa, yuragim oʻynab, eshikka qarayman. Siz kirub kelyapsizmu, deb. Kichigoyumlarga aytmay, kosada yemaklar op-qoʻyib kutaman. Vaqt-bemahal kelub qolsayiz deb. Kechalari uyqum qochub, koʻzlarim toʻrt boʻlub, oʻtirganim-oʻtirgan. Haq deb. Ba’zan turub-da tahajjud namozlar oʻqub, Ollohimdan soʻrayman. Yig‘lab-yig‘lab oʻziga iltijolar etaman. Sog‘-omon koʻrsat ishqilib deb... Ammo Olloh sinavattimu, sinab qiynavattimu yolg‘iz Oʻziga ayon.

* * *

Saida shu yerga kelganda jimib qoldi. U daftarning dam u varag‘ini, dam bu varag‘ini oʻqib koʻrar, kelgan joyini topib, ulab ketolmasdi.
— Ha, ayasi, nima boʻpti, nimasini topolmayapsiz?— dedim ichim g‘urmishlab.
— Shu yerda uzilib qolyapti, davomi qaysi daftarda boʻlsa ekan? — dedi u hamon izlaganini topolmay.
— Akamga tegishli joyini izlang, oʻshani soʻrayatuvdi-ku, — dedim men. Bunga sari ichim toshib boryapti: «Demak, oʻsha gaplar chin ekanmi? Sulton akam kelgani-ya?», degan xayollargacha bormoqdaman.
— Ha, mana ekan-ku, — dedi Saida va yutaqib yana oʻqiy ketdi:

«Uzr, Sultonmurod aka, oʻzimuz bilan oʻzimuz andarmon boʻlub, xatga ham qoʻlum bormay qolub edi. Oʻrta tokchanu tagida bir yoruq bor edu. Paxsani yorug‘i desam, ichi qachongi qovoqaru inu ekan — oʻshatga tushub ketubti. Ololmay yurub, boshlolmay yurub, hiyla vaqt oʻtub ketubti. Bu yog‘u qish chiqub bahor boshlanub ketub edu. Boshqa daftar topub, Maqsudxoʻjaning daftarlaridan eskusini olub (u kishinu oʻqishdan ozod etishdu. Xudo bir qaytarub berdu. Izzada sigir boqub yurubdilar) oʻshanga yoza qoldum davominu.

Siz kelgandan keyin (tavba, haliga dovur ishonmayman: rostdan kelub edungizmi? Oʻsha kechagi odam sizmu edungiz?) ancha xotirjam tortub qolub edum. Lekin keyin...»
— I-i, shoshmang, shu yerini qaytarib oʻqing. Kimni aytyapti? Kim kelgandan keyin deydi? — deb hovliqdim men. Azbaroyi oʻrnimdan turib ketishga yetgan edim.

Saida qaytarib oʻqib koʻrib, boshini koʻtardi:

—... Siz deyapti-ku, demak, akangiz boʻladi-da. Bosh-qa birovga yozmayapti-ku, xatni.

Men hayron-hayron qolgan edim:
— Unda... unda nimaga bizga miq etmabdi? Boʻlishi mumkinmas.
— Ayol kishi... har narsani har kimga aytavermaydi, adasi, — dedi xotinim.
— Balkim, — dedim hech oʻzimga kelolmay. Axir, kimsan Sultonmurod akam keladi-yu, biz bilmay qolsak! Alam qilmaydimi? Kelganda ham bir marta kelmagandur-ku. — Unda... unda oʻsha kelganini emas, nega boshqa narsani yozyapti? — dedim dabdurustdan.
— Siz eshiting avval, unisi ham chiqar, — dedi xotinim jilmayib, soʻng kelgan joyidan oʻqishda davom etdi.

«Lekin keyun, qaytam bir ishlar boʻlub kettu — eslasam, xoʻrligim tutib kelavurar. Siz boʻlsangiz teginisholmasdu. Uch kunlab uydan chiqolmay, oʻtirdum qamalub olub. Yer yorilmadu yerga kirib ketsam! Juvon oʻlgur (oʻsha qora moʻndi — maymoqning jiyanu ekan! Men unu qiz bola desam — qanday balo ekan, erday, erkakday yopishadu odamga!), oʻsha oʻlgur quchoqlab olub, qoʻyivormaydu. Oʻpaverib tishlab tashlaptu, hamma yog‘umni momataloq qilub-koʻkartub tashlaptu. Qiz desam, er kishidan badtar ekan. Hirsinu qarang, uyatsiznu! Teximu menman shunday koʻrishib turasan, tog‘amga tushsang, u soʻratvatti deydu. Quribla ketgur.

Endu oʻlsamam chiqmiyman ishlariga. Quribla ketsin dalasiyam, oʻziyam! Ayol boʻlub ayol emas, er boʻlub er tug‘ilmagan, u uyatsiz! Aytishga-da og‘iz bormaydu, yozishga-da qog‘oz kuygay! Xudo nima uchun yaratmish ekan bunday ayolnu, bilmadum. Tezroq keling, Sultonmurod aka! Siz boʻlsangiz — munday xoʻrlay olmasdular, teginolmasdular. Kimlarga ishonub, joʻnatub edingiz menginanu?

Bu uydan bir yoqlarga ketsam-da, dalasiga chiqmasman, ishlaru qursin, betu qursin! Eshityapsizmu, Sultonmurod aka, bu yoqlarda shunchalar aynishubdu, hatto kichigoyumdan qoʻrqmayin, Sizdan qoʻrqmayin shunday qilishsa! Tag‘inam Xudo osmondan balo yubormaydu ustilariga!

Sultonmurod akajon, bu yoqni odamlaru ham aynushga, yomon aynushga boshlabdular! Kalomullohnu unutganmular, bilmaydularmuki, aynusalar balonu kutaversinlar, qoʻrqmasmular — xudoning qahrudan?! (Eslab qolung. Qumrunisa edu, ayol boʻlub ayol emas, u yashshamagur)...

Evoh, shu baloliqlarga chidolmagan ekanmi, kennoyim? Biz qayoqqa bosh olib ketdilar, deb yuribmiz?! Men alamangiz holda mushtimni tishlab qolgan, oʻsha damlarda unga bir himoyachi boʻla olmaganimdan yerga kirgudek bir holga tushib borar edim.

(Allohning madadi ila asarning bu qismi ham nihoyasiga yetdi. Navbat — «Jazo, rijo va hidoyat» qismiga.)

II- qism