OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMurod Mansur
Asar nomiJudolik diyori (2-kitob 3-qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Murod Mansur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Шарқ» Нашриёт-Матбаа Акциядорлик Компанияси - Бош Таҳририяти, Тошкент, 2007
Hajm360KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/28
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Жамоатчи муҳаррир: Нуруллоҳ Муҳаммад Рауфхон
Мусаввир: Хуршид Зиёхонов



iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Judolik diyori (2-kitob 3-qism)
Murod Mansur

Uchinchi Boʻlim - Jazo, Rijo va Hidoyat

Ajib Saodat (yoxud bir kechalik mehmon)

Mahfuz xatlar davomiga. Jindek qissagoʻy izohi ila.

Qay vaqt boʻlib ketgan edi, bilmayman. Allamahalda ishdan kelib, divanda xayolparishon oʻtirib edim. Keyin sekin uzanib, yonboshlaganim esimda. Shu holda shirin bir tuyg‘u qamrab kelib, parqu qanotlariga indirdiyu allalay boshladi. Aftidan, uyqu elitib, koʻzim ilingan edi shekilli, ajoyib tush koʻra boshladim. Bunaqasi ilgari, bolalik kezlarim sodir boʻlardi: koʻzimni yumardimu ajabtovur — xuddi ertaknamo tushlar koʻra boshlardim. Hozir ham oʻshanday tiniqdan tiniq, sirlidan sirli, ammo qay bir yerlari oʻzimga tanish diyorda kezib yurar edim. Chor taraf, butun atrof-javonib oppoq oydinmish-da, oʻzim eski uylarimiz tomonda yurganmishman. Oyning yerdagi olachalpoq nurlaridan ma’lumki, eshigimizning roʻparasidagi anhor boʻyida, yong‘oqzorda turib, oy nuriga choʻmib yotgan tuproq tomli uylarimizdan, ishkomli bog‘larimizdan koʻz uzolmayman. Ular bag‘azlarni allatovur bir kumushrangga boʻyab-jilvalantirib, loysuvoq tomlarimizga oq jujun matoli yarqiroq bir narsalar yoyib, tarnovlarniyu devor sarxoklarini qirov qoʻnganday oqartirib-yarqiratib, yerga, boʻg‘otlar ostiga ajabtovur oʻsma-soyalar tortib, butun hovlimizni sir-sinoatlarga koʻmib tashlaganki, u hov bir vaqtlar — akam Boʻzsuv boʻylarini qarorgoh tutib yurgan kezlardagiga oʻxshab ketgandi. Men uni sog‘ingan kezlarim, yarim kechalari turib, ana shunday anhor boʻylariga chiqib olar, yoʻllarini poylab oʻtirib qolar edim. Nazarimda, tog‘amgilarning hov muyulishidan mana hozir soʻlig‘ini shoʻlqillatib, bir otu otliq chiqib kelayotgandek boʻlaverar edi...

Hozir esa (tushga hech taraf yoʻq) ichkaridagi zinamizda yolg‘izdan yolg‘iz, allaqachon azim yong‘oqlardan oshib oʻtib, bir kenglikka chiqib olgan va hamma yoqqa bearmon yog‘du sochib yotgan toʻlindan toʻlin oyga, uning goh dumaloq koʻzgudek, goh osmonning u yog‘iga ochilgan oq bir darichadek koʻrinishiga mahliyo boʻlib oʻtirarkanman, uning sathi-koʻzgusida koʻrinayotgan bir narsalar xayolimni oʻg‘irlagan edi. Chindan ham osmonda suzib yurgan toʻlin oy — oy emas, afsonaviy bir oina yoxud Jamshidning oppoq jomiyu uning yuzida shu vaqt-shu soatning oʻzida qay bir yerda kechib turgan voqea(!) akslanib turgan kabi edi.

Oy yuziga yaxshilab tikilgan kishi uni koʻrmay iloji yoʻq edi!

Ana, Oyning sutga chayilganday tip-tiniq yuzi — sathida bizning Tegirmondan to Qoʻshilishga qadar choʻzilgan Izzayu uning ikki betkayiga yastangan yerlar xuddi ochiq ulug‘ kitobning ikki betiga oʻxshab, allaqanday kumushrang nuqra sepilganday yarqirab koʻrinardilar. Undanam ajablanarli joyi oʻsha suvrat- da izzalik — soylik, ya’nikim ulug‘ kitobning oʻrta-si Oyni qoq ikkiga boʻlib turibdi. Goʻyo oyim bir vaqt aytganlaridek, ya’nikim u payg‘ambarimiz za- monlaridan qolgan emish. U kishidan moʻ’jiza koʻrsatishni soʻrashganida Oyni qoq ikkiga boʻlib yuborgan ekanlar. Bu dog‘ — u qora chiziq oʻshandan qolganmish.

Hozir esa xuddi oʻsha chiziq yoqalab goʻyo bir otliq qir oshib-oshiqib kelar, bu nimadan belgi — aqlim yetmas, yetmasa-da, bu goʻzal kechaning sirli oinasida akslangan narsaga sehrlanib qolgandim.

U nima, chindan tushmi yo oʻng? Tush boʻlsa, bunchalar aniq-taniq? Oʻngim desam, nega sarxushman? Goʻyo aqlim toʻngib qolganday, qaerdaligimni toʻla anglay olma-yotirman?

Unday desam, nega yuragim allaqanday hapriqib bor-yapti, goʻyo ichimga bir gala qush qamalib qolgandek? Ular gurra-gurra uchib koʻtarilganlari sari nimadir boʻg‘zimga tiqilib-tiqilib keladi! Shu bilan bir vaqt-da men turgan zinaning oʻng yog‘idagi yarim ochiq derazaning ortidan (katta uyda shekilli) birov, nega birov boʻlsin, ayol kishi piq-piq yig‘lab, koʻrpanimi, nimani ustiga tortib, xoʻrligini yutishga urinadi, hiqillaydi. Ammo ovozi yo qudratingdan, shunchalar tanishki... otini atab chaqirgudekman. Kennoyi, devorgudekman...

Uyg‘onib ketib, yonboshlagan joyimdan qaddimni koʻtarsam, xontaxtaning u boshida birov shishasiga qog‘oz kiydirilgan lampachiroq yorug‘ida hiq-hiq yig‘lab oʻtiribdi. Tizzasida oʻsha unniqqan sariq daftar, dam-badam burnini tortib, koʻzyoshlarini artib qoʻyadi. Qora duxoba nimchasidan tanidim. Xotinim. Meni uxlatib qoʻyib, oʻzi davomini oʻqiyotgan ekanmi?
— Saida, oʻzizmi? — dedim hayratlanib, — oʻqirkansiz, uyg‘otmaysizmi?
— Birpas mizg‘iy qoling, deb oʻqiy qolsam... bunaqa ekan.
— Qanaqa?..

Saida ichdan chuqur tin oldi:
— Ayol kishini nuqul musibatga yaratgan ekan: bechora kennoyingiz!..
— Nima boʻlgan ekan? — dedim yuragim toshib kelib. Endi turib oʻtirib olgan edim.
— Oʻqiy qolaymi? — dedi u.
— Mayli, oʻqing, — dedim intiqib.

U boshladi.

«...Kichigoyumlar vaqt allamahal boʻp ketibdi deb ichkaru uyga kiritib yuborgan edilar, shu qoʻlimdaguni tepchub qoʻyay deb oʻtirib qolubman.

Bir mahal lampachiroq oʻz-oʻzidan yorishib ketib, olov tili ichiga tushib bora boshladu. Nima boʻptu, deb piligini koʻtarub koʻrdum, qirqib koʻrdum — qani jo-yiga kelsa. Moyi tugab bitgan ekan, axiyri oʻchdu-qoldu. Na iloj, ishpechlarimni tokchaga olib qoʻyib, oʻgirilsam deng... derazadan shunday bir nur toʻkilub turibdu! Shunaqa oppoq, shunaqa shaffofki, oʻn toʻrt kunluk oyning ham eng yarim kechadagisi, eng tikkaga kelganu. Uyqularim ham qochub, yosh boladay deraza tagiga kelvolibman.

Chindanam tashqaru sutday oydin edu. Hovluda igna tushsa koʻrinar, ishkomlar harir govrapoʻsh yopulgan beshiklarday nurga belanub yotar, bog‘dagi daraxtlar qiyg‘os gullab yuborganga oʻxshardular.

Yulduzlari xira tortib ketgan koʻk toqida esa yolg‘uz oy yangi tushgan kelinchakdek jilmayib turar, uning yuzuga qarab toʻyub boʻlmasdu. Goʻyo chirog‘ingni moyi tugamasa — qaramaysanmi, oʻtir birpas, holu qolayluk, dardlashayluk, demoqchi boʻladu. Ginalar qilib, jilmayadu. Imolar qiladu har turlu. Ishvalaru ham oʻziga yarashgan.

Tavba, bu ne hol? Hech mahal oy ham ishvalar qiladumu odamga? Turlanib-tuslanadimu? Hozirguna chimildiqdan chiqqan kelinchakdek ibolu-ibolu boqmoqda edu. Endi oʻsha kelinchakning kungira koʻzgusiga aylanub qoptu. Uning ichida boʻlsa, alomat-alomat narsalar oy nuriga choʻmub yotubdular. U kumush dalalar, soylar nimasi bilandur juda tanish. Qolaversa, bir otluq oʻsha soy yoqalab, ildamlab kelayotgandek. Tavba, bu qanaqasi? Oy ham hech mahal koʻzguga aylanadumi? Yerdagi narsalarni akslantiradimu?

Manum esum og‘ub boryaptu. Goʻyo jinmi, farishtalar aqlumni olib qoʻygandeklar. Ammo ajabtovur narsalardan (oy boʻlib oy emas, koʻzgu boʻlib koʻzgu, tavba) koʻzimni uzolmayman. Unda koʻringan narsaga sehrlanub qolubman...»
— Shoshmang-shoshmang, — men quloqlarimga ishonmay u oʻqiyotgan narsaning ustiga kaftimni tashladim.— Nima deydi? Nima koʻrindi deydilar?

Saida choʻchib tushgan edi:
— Oʻzizmi, adasi? Nimasi tushunarsiz?
— Otluq koʻrindi deydilarmu? — Men hayratimni yashirolmasdim.
— Shunaqa yozibdilar, nimasiga... ishonmaysiz?
— Bilasizmi, oʻsha otluq, oʻsha oyda koʻringan narsalar, mening tushimga kirib yuribdi. Hali-hozir, endi esa, siz oʻqib turibsiz.
— Subhonalloh, — dedi Saida va koʻksiga tuf-tufladi. — Shunaqasi ham... boʻladi ekanmi?
— Boʻlar ekan-ku, oʻqiyvering-chi, — dedim davomiga intiqib.

Saida kimga ishonarini bilmay, daftarni oʻziga yaqinroq surdi.

«...Xayolumda oʻziz. Chegaradan oʻtolmay qayoqlarda qoldiz ekan? Tangritog‘da inqilob boʻg‘ilgan, sarboni oʻg‘urlab ketilib, lashkar tarqatub yuborilgan, xalq yetum boʻtaday boʻzlab qolgan boʻlsa. Boturlar tog‘larga toʻzib, har kim oʻz joninu asrashga tushgan boʻlsa. Siz musofirlar qayga bosh urib bordingiz, qay diyorlarni oshiyon tutdingiz ekan?

Ozodlik nash’u namosi shunchalar qisqa, Ollohimning inoyati muvaqqat ekanmiki, Tangritog‘ tomonlardan xabar kelmayin qoʻydi. Qochgan qochdi, toʻzgan toʻzdi, hatto Siz Boturlardan bir mujda yoʻq. Qay oʻngir, qay qoyalarda, qay dovon, qay qoʻl yetmas muzliklarda qoldiz ekan? Yo hali ozod boʻlmagan viloyatlarda yuribsizlarmu? Nega biron xabar yoʻq, mujda yubormassiz? Axir shu umidda bu diyorlarga joʻnatubmu edungiz? Rizoluk bergan, Ollohning omonatini to abad saqlagayman deb, ahlu ayolumni, shariatumni har narsadan ustun tutgayman deb ontlar ichgan kim edu? Qaylarda qoldiz, Boturmurodum? Men istamasman siz qasamxoʻr boʻlib qoluvingizni. Ollohimning oldida gunohkor boʻlib turuvingizni.

Ana shu topda, Oy nuri uzala tushgan oʻrnumga oʻtirib ulgurmab edumki, deraza chertilub, qiya ochilgan tavaqasidan Oyning oʻzi kirib-la kelmoqqa boshladu. Yo Arshul azim, bu nesi? Shu moʻralab turgan Oyning-da ishimu, boshqaning?

q

Nafasum ichimga tushub qaltirablar kettum!.. Ne hol yuz bermoqda, anglab olmoqqa ojuz edum. Jonum, unga qoʻshilib jon qushum boʻg‘zumda turar edu. Qoʻrqib ketganum shunchalik!..

Shunda... derazaning ikkinchi tavaqasi-da ochilub, men sog‘ingan, orzuqib kutgan kimsaning oʻzi koʻrinub (azbaroyi Xudo, haligi qoʻrquv, titroq qayoqqa kettu?!) yurakum dukurlab bersa deng — boʻg‘zumga issiq bir narsa tiqilup, koʻzlarimga achchiq yosh quyilub kelibdu. Oʻzum «u kishi, u kishi-ku!» deyman-u, sira ovoz bitmaydu.

Nihoyat, Siz-oʻziz:
— Mahfuz, men keldum. Ontimni ustidan chiqqali keldum, — dedingizu bir xatlab derazadan oshub oʻta qoldingiz.

Oymoʻmada yurgan otliq, koʻzguda koʻringan kishi — oʻzingiz kirib kelgan edingiz!

Yo, Qodir Olloh! Oʻzing mehribonlarning mehribonisan. Karamingga ham, sinovlaringga ham taraf yoʻq! Boyagi belgular chin ekan. Chin chiqdi, ey Ollohim! Bu ham boʻlsa, sening inoyating, karamingdir. Men Olloh yetkazgan kishimning quchog‘ida oʻzimni unutub, yoʻqotub yig‘lardum. Shuncha sabrlarumning mevasiga yetishub turardum.

Qachon deraza tavaqalarinu yopub qoʻyduk, men musofirginaning yupqa oʻrnuda qancha soʻylashub-ginalashub oʻtirduk, arazlarimuzni toʻkishduk, taskinlar olduk, bilmayman, keyin shuncha judolikdan soʻng topishgan shar’an nikohdagi kishilarga payg‘ambarimiz buyurganlaridek qancha suhbat qurdik, yolg‘iz Oy guvoh edu. Ke-yin u ham hayo qilib, mag‘ribgami — qayoqqa og‘ub ketdi, moʻralamay qoʻydi. Faqat ayoq tamonumizda, derazaning takkinasida namat ustida qizil tulki terusiday bir narsa choʻzala tushgan edu, xolos.

Keyin bilsam, bizning ishumizdan xijolatlarga tushub, allaqanday qizarub botayotgan oy ekan. Oʻzi uchrashtirub, oʻzu xijolatlarga tushsa-ya...

Uni koʻrib, Siz shoshib qoldingiz.
— Suvingni olib kela qol, vaqtim bitibdi, — deb shivirlardungiz.

Bu gapdan mening xushum og‘ayozdi:
— Qanaqa vaqt, Sultonmurod aka? Qayoqqa borgaysiz endiyam?
— Aka demagil, bunday buyurilmagan, — dedingiz Siz irim qilib. — Yaxshi niyat qil, adasi, adajonisi demoq lozim, — deb shivirladungiz qulog‘imga. Menu yupatarmudingiz, avrarmudingiz — bilolmasdum. Lekin gaplariz moydek yoqib tushmoqdaydi.

Boʻynungizga osilub erkalandum:
— Qayon borgaysiz, qoʻyub yubormasman bu gal. Endiyam aldab ketolmassiz. Aytasiz, qanaqa vaqt?
— Muhlatim bitadur, Mahfuz, tushun, — dediz sochlarumni silab.
— Qanaqa muhlat? Kim qoʻyadur unu? Koʻrub-bilub turib?.. — Men xoʻrligum tutub yig‘lamoqqa boshladum. Boʻynungizga battarroq osilub olganmidum, yuzlarimni koʻksingizga bosub qoʻyvormasmidum Siznu — oʻzum bilmasdum.

Shunda qulog‘imga issiq nafasingiz urulib, shivirladungiz:
— Hoy, Mahfuz — ayasi, shunday turavergaymizmi, farishtalardan uyalmay? Tong otib boryapti.

Qoʻllarim oʻz-oʻzidan boʻshashdular. Siz haq edungiz. Bu turishimiz Ollohga ham xush kelmas edu...
— Men hozir. Faqat Siz miq etmay turgaysiz. Xoʻp, — dedim-da, derazadan yengil tushub, oyoq uchuda oshxonaga yurindum. Suv chelak, tog‘oralar oʻsha yoqdaydi...

Yuvinub-tarangunimizcha Oy ham boʻzarib bog‘ pastidagi katta tut ortiga oʻtub turdi. Oldi xoʻrozlar qichqurub, chaqirmoqqa boshladular. Anhor yoqalab ketgan koʻchamuzdan oldi bozorchi aravaning qitirlab oʻtuviga oz qolmoqdaydu. Koʻk toqidan yumalab borib haligi tut tagida koʻringan Oy tomlaru faqat daraxt tepalariga oʻz ukparlarini qadar, hali koʻrinmay turgan yulduzlar endi baravariga charaqlab, koʻpayishib ketgan edular. Balki mening oʻzumga shunday koʻrinmoqdadur, tuyulmoqdadur. Siz borligingizdanmu, negadur qushday yengilman. Atrofingizda uchub-qoʻnub, girgitton boʻlib-da yuribman. Agar ketadurgon boʻlsangizam ortingizdan qolmasam kerak. Farishtaday uchub ketsam-da mumkun. Bu yerda qolmasligingizni hech-hech tushunolmayman. Tushungim-da kelmaydu. Axir qancha vaqtda — endi yetishdum. Yetishganda ayrilish...
— Endi menga javob berasan, Mahfuz. Shoshmasam boʻlmaydi, sheriklarimni ortiq kuttirolmayman xatarga qoldirib. Tushun, — dediz.

Qani tilim aylansa, termulaman, xolos. Boʻy-bastlaringizni, oʻsha turishingizni koʻz qorachiqlarimga muhr-lab-joylab olmoqchi boʻlaman. Tikilamanu miq etolmayman. Ich-ichimdan bir nimalar toshib kelutti, bilaman, tug‘yon, achchiq taqdirimizga qarshi isyon, lekin bu yozug‘imiz Ollohdan ekanuni, bu bizga sinov ekanuni anglab turganum uchun ham unga shak keltirub qoʻyushdan oʻzumni tiymoqdaman. Lablarimni mahkam qimtib olganman, tishlab olganman. Oʻkrab yuborishga qoʻyma-yoturman. Agar bir og‘iz yupatishga boshlasangizmu qutulolmasdingiz, meni yig‘idan toʻxtatolmasdingiz.

Shu tob koʻchamuzdan g‘irchillab birinchi bozorchi arava oʻta boshladiyu bedapoya tomonda allaqanday sergak ot uni sezib, kishnab yubordu. Va siz shoshilishga tushdingiz:
— Faqat sendan iltimos, men kelganimni ichingga yutasan. Xoʻp?!
— Xoʻp, — dedim men yig‘imni-da, ichimga yutub.
— Xolamgilarga-da, aytmagaysan. Tushunding?
— Tushun-dum, — deb bosh silkigan edum, koʻz yoshlarum bilagumga duv toʻkildular.
— Bizni eson-omon yetib olsin desang — ichingga yutasan, keyin yig‘lab emas, kulib kuzat meni. Qaytishum oson boʻlgay, — dediz qulog‘imga shivirlab. Yelkamdan quchgancha deraza oldiga qadar bag‘ringizda olib bordingiz. Oʻzingiz shoshib turibsiz-u, yana bir nimalarnu tayinlamoqchi boʻlasiz.
— Eshitding-a, bu diyorlarga qaytishimni istasang, yig‘lamay kuzatasan. Boʻzlamaysan faqat. — Ke-yun shoshub tayinlay boshladingiz. — Uzoqni ishi qi-yin, agar bir gap boʻlib, uzoqib ketsam, qiynalib ketsang, eslab qol, bu diyorlarda yolg‘iz qiyomatli bir doʻstim bor. Oʻshani topib bor. Xasti Imomdan oʻtganda Kalkovuz suvi bor. Oʻsha tarafdan soʻroqlaysan. «Oytoʻra buvining oʻg‘li Chaman akaniki qayda?» degaysan, koʻrsatib berishadi. Og‘ir kunga qolsang, oʻshani top.— Siz shoshgandanmu, mening yig‘lab berib, hammanu uyg‘otub yuborarumdan qoʻrqqandanmu, derazaga oyoq qoʻyib olgandingiz. Bir hatlashda hovliga tushib olgudek edungiz.

Men esam, Sizning oʻz diyoringizdan bunday oʻg‘runcha chiqib boruvingizni istamasdum. Boturlarning ayoluday otingizni yonuda uzangungizni ushlab, kuzatub borarumni, buni butun Kattabog‘, barcha-barcha qarindoshlaringiz koʻrib turuvini istardum. Ammo na qilay, ixtiyor menda emasdu, Xudoning xohlashi shunday boʻlmoqdaydi, chidardum.

Siz hovliga yengil sakramoqqa shaylangan kezda bir nimani eslab, yengil qayrildingiz:
— Ha, darvoqe. Olloh bugungi kechamizni xush koʻrib, iltijolarimizni eshitib, oʻg‘ilmi-nima ato etgan boʻlsa... otini oʻzing bilib, Yodgormurod qoʻygaysan.
— Sultonmurod aka, nega unday demoqdasiz? — dedim oʻkrab yuborishdan oʻzumni zoʻrg‘a tiyib. — Hali-veri...

Qani u yog‘ini ayta olsam, soʻray olsam. Olovday kuydirmoqlaydi u soʻz yurak-bag‘rumni. Aytaman desamam ayta olmasdum.
— Bilmadum, Mahfuz. Hammasi Ollohdan. U dilimga soldi — aytdim, qolganini ham oʻzi oʻnglagay istasa. Sen duodan qolma.
— Qolmagayman, qolmagayman... Yaxshi boring faqat.
— Yaxshi qol, — dedizu men Sizni yoʻqotub, huvillagancha qolaverdum. Endi oʻzumni qarg‘aymanki, u yog‘i yoʻq: topganumda nega qoʻyib yubordum, deb!

Nega oʻkrab yig‘lab, kichigoyimgilarniyu hammani uyg‘otib yubormadum!

Nega jilla qursa, inshaalloh demadum!

Shunday desam, bu kunlarga, bu malomatlarga qolmasmidum. Hamma keladigani ortda ekan. Siz ketdizu men hech yerga sig‘may qoldum.

Ikki oygina yayrab yurganlarum, oʻsha kechani eslab bir yerga yetganlarum hammasi burnumdan buloq boʻlib chiqa boshladu. Kasalni yashirsang, isistmasi oshkor qilganiday, Sizning u tashrifingizni boʻyimda boʻl-gan narsa oshkor etib borardu. Uni sirib ham, halfillagan keng koʻylaklar kiyibam yashirolmasdum. Zingilli koʻzlar, sinovchan nigohlardan qochub qutulolmasdum.

Axiyri ostona hatlab chiqolmay qoldum, Kattabog‘ga gap tarqab ketupti: anuv koʻhlik kelin boʻyida boʻp qopti, deb! Qani, tushuntirib boʻlsa Siz kelganingizni... bu ishlar shar’an ekanini. Hatto kichig-oyumlarga aytmagandum, endi qanday og‘iz ochaman? Qolaversa, Sizga va’dam bor, bergan soʻzim bor. Endi qaysi til bilan ochaman u tashrifingizni? Nega bu yog‘ini oʻylamagan ekanmuz?

Boshimga qopmu — nima kiydirilgan odamga oʻxshayman. Dunyo shunchalar zimiston, ertam shunchalar qoron-g‘u. Olloh oʻzi yoʻl koʻrsatmasa, bilmam, undan qanday qutularman? Najot koʻrinmaydu hech. Yo oʻzingiz kelib qutqarib qolasiz, yo nolam Ollohga yetub, Oʻzi ku- shoyish bergay — boshqa yoʻl yoʻq!

Faqat esumni yeb qoʻyib, Olloh izn bermagan ishlarga qoʻl urib, rahmimda koʻtarib yurganum — Yodgormurodingizning onasimas, qotilasi boʻlib qoluvimdan qoʻrqaman. Keyin nima qilaman? Ollohning qoshida nima deb javob bergayman?! Uning qoshida xijolat boʻlgandan bu dunyoning har nechuk azoblari afzal! Shu andishami — nima, menu bu dunyoda tutib turibdu, ushlab turibdu. Qolgan barchasi — kechib yuborgulik! U malomatlar oldida oʻtib yuborgulik! Bu yog‘u nima boʻladu, bilmayman. Misoli ulkan choh — soʻngsiz qorong‘ulik bir jar roʻparasidaman. Meni uning yoqasidan kim ham qutqargay? Kimga og‘iz ocha olgayman? Axir, oʻzingiz tayinlagansiz. Yoʻl koʻrsating, bir imdod bering, Sultonmurod aka? Mahfuzam omon boʻlsun, Yodgormurodim tirik qolsun desangiz — jilla qursa, Ollohga iltijolar eting. Oʻzi yoʻl koʻrsatsun, kushoyish bersun. Bosh-qa kimdan madad tilay?! Izlay, qidiray?..

Ey, Parvardigorim! Oʻzingga iymon keltirganman. Oʻzing yorlaqa va bir yoʻl koʻrsatgil. Oʻzing sabru jamiil ato et yo shu musulmonlik holumda bu omonatingni ol. Oʻzing qoʻlla»...

* * *

Endiyam ishonmayinmi, Sultonmurod akang kepti, degan gaplarga? U tushlarimgacha bundayin kirib yursa?

... U nimadan belgi, imdod beryapti? Endi qaytishidanmi? Qachon qaytadi ekan? Chaman akam bilanmi? Buni ham bilmasdim...

Kutamiz, intiqib-intiqib kutaveramiz.


Ilon Qachon Poʻst Tashlaydi (yoxud «Koʻk Toʻnli» nimadan ogoh etmoqchi?)

Yana hikoyachiga ma’lum tarixlar davomiga.

Kattabog‘imizda boshim borib-oyog‘im kelgancha sandiroqlab yurgan kezlarim edi.

Men soyma-soy kezib, bedapoyama-bedapoya oshib, Ergash choʻloqqami, boshqagami toʻr sudrashib yursam ham, bolalar bilan kechgacha Izzada qolib ketib, baliq tutsam ham hech kim hech narsa demasdi. Chunki biz — pakana pari Maqsudxoʻja janoblariga Hoji doʻxtirdan shunaqa ruxsat tekkan: tepalarda varrak uchirib, qoʻziqorin terib, Boʻzsuvlarda yovvoyi kaptarlarning potirlab uchishiga mahliyo boʻlib, jarma-jar, tepama-tepa oshib, qamishzorlardan oʻrdagu moshak-qushlarni quvib yurib, bosh og‘rig‘imni oʻsha jaru jurlarga, qamishzorlarga tashlab kelishim kerak.

Lekin bugun uyda qolgan, supamizning tepasidagi katta qari tolga chiqvolib, toqqaychi bilan istak terayotib edim. Goho-goho yonginamdagi qoʻshnining devoridan oshib oʻtib, qizil marjondek boʻrtigan oʻrik shoxlariga, uning endi, onda-sonda lab ochgan oq-pushti gullari ustida parvona boʻlib g‘uvillayotgan asal-arilarga mahliyo boʻlib qolaman-da, yana istar-istamas istak terishga tushaman.

Bugun oyimlar bilan toklarni koʻtarib bog‘lamoqchimiz. Tol ustiga chiqib oʻtirmay Izzadan shunaqa tok bog‘laydigan oʻt (u botqoqda oʻsadi, sovuq ham urmaydi, faqat mollardan omon qolganmi-yoʻqmi?) oʻshani oʻrib kelsam ham boʻlardi, erindim. Tol xivich-istakda bog‘lashni oyim qotiradilar, bahonada oʻzim ham qarab turib, oʻrganib olaman.

Qolaversa, tol ochilib kuchini xodalariga bersa, kelasi yil ishkomga ham, bag‘azlarga ham yaraydi. Shu bois supa yuzi tol chiviqlarga toʻlib ketgan boʻlsa-da, men tushishni oʻylamay istak terayotib edim, shu vaqt eshigimizga bir otliq kelib, egardan tusha boshladi. Men uning qizil shapkasini koʻrganimdayoq etim jimirlab, damim ichimga tushib ketdi. Tol ustiga berkinish mumkindek, sekin pusib oʻtirib qopman. Uning yuzi juda tanish koʻrinar-u, eslay olmasdim. Milisa bekorga tashrif buyurmasligini bilsam-da, (balki bilganim uchundir!) xavotirga tushib, ich-ichimdan qirindimi — nima oʻtib borar, zoʻr berib, «Nimaga kepti ekan, bu goʻrsoʻxta?» deyar edim.

Bu orada u otini devorga yonboshlab oʻsgan bukri jiydamizga bog‘lab, bu qishdan xiyla tob tashlab chiqqan yakka tavaqali eshigimizni itardi. Eshik chindan ancha og‘irlashib qolgan shekilli, g‘ijirlab zoʻrg‘a ochildi. Kelgan odam unga sig‘may yana itarib edi, eshik kesakisiga qoʻshilib, usti lopilladi. Bu ham yetmagandek, shuvillab sarxoki toʻkilgan edi, u yelkasini qisib, yarim qadam chekindi va ostonada turib, zulfinni qoqdi:
— Hoy, kim bor? — Goʻyo qochadigan hech kim yoʻqmi degandek u tomoq qirib, yoʻtalib qoʻydi.

Men ang-tang qopman: milisaning bunaqasini endi koʻrib turardim! Anuv shaharlikka oʻxshatib adashibman shekilli! Tavba, birovning ichkarisiga koʻz qirini tashlashdan tiyilib-tortinadigan odam... qandoq bu foʻrmani kiyib opti?

Ammo qay koʻz bilan koʻrayki, u ijozatsiz ostona hatlay olmay turar edi. Men oʻtirgan yerimdan qaddimni koʻtarib, ovoz berishga shaylangan joyimda... otxona ortidagi jiyda tagida oyimning qoralari koʻrindi. U kishi paxsani buzib opamlarnikiga ochilgan yoʻldan chiqib kelar edilar.
— Hozir-hozir... — Oyim shunday deb ovoz bergancha, orqalaridagi Mahfuz kennoyimga «keting-keting»lab jiyda tagidan hovliga chiqib keldilar.

Ostonadagi odam oyimning qoʻl silkishlariyu oʻrta yoʻlkadagi kennoyimni koʻrdimi-yoʻqmi, bilmayman, oyimning ovozlarini eshitib, qaytdi. Oʻsha yoqda turib, javob-muomala qiladigan odamdek eshikni oʻziga tortib edi, u boyagidek g‘ijirlab yana sarxoki toʻkildi.

Oyim supadan oʻtib, roʻmollarining bir uchini tishlagancha yarim oʻgirilib toʻxtadilar.
— Aytavurning, nima ishingiz bor edi, kimsiz?

Oyim tanishlarning oldiga chiqib boraverar edilar, qochmasdilar, buning ovozidan begonasiradilarmi — yarim yoʻlda — ovoz eshitiladigan joyda toʻxtagan edilar.
— Xolamoyi, menman, Zokirjon uchastkovoyiz: taniysiz. Gapim bor edi, Sulton oshnamizga tegishli.

Oyimlardan oldin mening tepa sochim tikka boʻldi: bu dog‘uli nimalar deyapti? Oyimlarni avrab, nimani bilib ketmoqchi?
— Oyi, — dedim oʻtirgan joyimdan shipshib.

Ammo oyim akamning nomnii eshitgandayoq oʻzlarini yoʻqotib, koʻcha eshikka chiqib bora boshladilar:
— Voy, shunaqami? Kiravuring, nimaga qarab turibsiz? Shundan shu yoqqa kelasiz-u, kirmay ketasizmi?

Hay-y, esiz, oʻzim chiqib bormaymanmi, darvozadan qaytarib yubormaymanmi!.. Oyim ham qiziqlar, kennoyimni opamlarnikiga chiqarib yuborganlari nimayu, buni «kiring»lab qistashlari nimasi? Milisa zotiga ishonib boʻlarkanmi! Ammo endi kech edi. U ichkariga kirib boʻlgan, engashib — oyimlarga yelkasini tutib turar edi. Soʻng qaddini koʻtarib, kamiga shan-g‘illadi:
— Tanidizmi, xolamoyi. Men oʻsha Zokirman, hozir bu yoqqa oʻtganman. Shu yoqlar hammasi menga qaraydi, tinchligini mendan soʻrashadi. Shunday-shunday. Anuv kuniyam kelgan edim. Qoʻshniznikiga kelganlarni opketgani...

O-la, maqtanchoq! Ahad akalar tutib, xabar berguncha qaerda edingiz? Tayyoriga keldingiz-ku!

Men g‘ashim kelib, azbaroyi chetga qarab, chirt tupurdim: xuddi oʻzi koʻrgandek og‘zini toʻldirib maqtanganiga oʻlasizmi?
— Umriginangizdan baraka topinglar, yaxshiyam sizlar borakansiz, boʻlmasa, qoʻshniginamni naq tuyoqlay deb turgan sigirini gum qilib ketishar ekan, — dedilar oyim alqab.
— Sigir ham gapmi?!— dedi mehmon sirli qilib,— ularning niyatini hech kim bilmaydi, ha.
— Shunaqami?— dedilar oyim uni ichkari boshlab.
— Ha-da. Ammo-lekin birovga aytadigan gapmas! Yoʻliga shunday kelib, tekshir-tekshir qilib oʻtirishgan. Amakini surishtirgan kishi boʻlib, mehmondorchilikni quyuq qilib... maqsadlari esa boshqa...
— Voy, kishi koʻziga ekanmi?

Oyim tezroq borib, zinadagi suv chelagu jomni yoʻldan ola boshladilar. Men esam, bu izquvar ipi-risqiga (xolamlarnikida surishtiraverib ensalarimni qotirgani hali yodimda turibdi!) koʻringim yoʻq, tol tepasida miq etmay oʻtiribman. Koʻzi tushmay oʻtib ketsayu — qutila qolsam...

Ammo hammaning koʻzini shamg‘alat qilish mumkindir-u, milisaning nazaridan qutulish qiyin. Supayu hovli yuzi bilan bitta boʻlib yotgan chiviqlarga koʻzi tushgan zamoniyoq menga qaradi va eski qochqoq «doʻsti»ni koʻrib ishshaydi:
— Iya, istudent, bugungi dars nima boʻldi, tol tepasiga chiqib opsiz?

Men tushuntirish bergim kelmayinqirab, toldan devorga oʻtish harakatiga tushaboshlagan edim, oyim zinadan javob qildilar.
— Bu damda, akajonisi.
— Dam? — Milisa shubhalanib, bir menga, bir oyimlarga qaradi, — hamma bolalar oʻqib yotibdi-ku?

Men hamon javob berishni oʻzimga ep koʻrmay tushishga imillardim.
— Bir yilga chiqdi, akajonisi, Hoji doʻxtir qog‘oz qilib berdi, — dedilar oyim.

U ham rosa qovoq-miyalardan ekan:
— Qog‘oz? Qanaqa qog‘oz? — dedi oyimning orqalaridan ergashib.

Mening g‘ijinim kelib turibdi. Hoji doʻxtir degandan keyin hammasi tushunarli-ku! Ijikilashiga balo bormi?!

Oyimlar-ku, menga nima boʻlganini aytib, uning rahmini keltirish bilan ovoralar:
— Voy, Xudo bir qaytib berdi-ku. Shamollab deng, koʻzini ochmay esxonamizni chiqarvordi-ku...
— Shunaqami? Men bilmapman, uzr-uzr.

U menga achinib qaragan mahal opamlarning yoʻlagi tomondan otilib chiqqan Boʻynog‘imiz oʻqdek uchib kela boshladi. Milisa chindan hushyor ekan, Boʻynoq irillash u yoqda tursin, damini ham chiqarmay uchib kela-yotgan, shu kelishida uning toʻpig‘idan olishi tayin edi. Ammo Zokir milisa qay koʻzi bilan koʻrib, qay sezgisi bilan bildi, kuchuk zinaga yetmay oʻgirilib, kesak olayotgan kabi yerga engashib ulgurdi:
— Yot, esi yoʻq! — deb poʻpisa qildi kamiga.

Buning ustiga oyim koʻrib qoldilar:
— Qayt, Boʻynoq!

It irillaganicha toʻxtadiyu, ammo oyimning ra’ylaridan oʻtolmay g‘azabini ichiga yutib, nochor orqasiga qayrildi.

Bir talab, oʻtakasini yorsa, toza xursand boʻlar, oʻsha tirg‘alganlarning armonidan chiqar edim-ku, afsus, it itligini qilmagan edi.

Zokir milisa rangi oʻziga kelib, zoʻrma-zoʻraki iljaydi:
— Iting yomon-ku, a?

Yomonga yomon degim keldi-yu, oyimlardan hayiqdim.

U shunda ham itdan koʻzini oʻzmay (chalg‘isayoq oyog‘iga tashlanib qolishidan hayiqib) zinaga koʻtarildi. Soʻng ikkala oyog‘ini baravar tapillatib edi, qaytib keta-yotgan it irillab tashlanmoqqa hezlandi.
— Boʻynoq, qayt! Esingni yedingmi?! — deb urishib berdim.

Zokir milisa gurji kuchugimizga ishshayib qa-radi.
— Oʻzi zig‘irdek ekan-ku, bunda es nima qiladi?!
— Shu gapiz esingizda tursin, qaytishda koʻrasiz,— dedim.
— Ie, shunaqami? Uzr-uzr, men yomonlamoqchi emasdim, — deb u ham kuldi.

Boʻynoq bunga javoban irillab, tishini koʻrsatib qoʻydi-yu, noiloj nari ketdi.

Men oshxona ustunidan sirg‘alib tushib, zinada kutib turgan «eski tanishim» bilan yoʻliga koʻrishib qoʻyib, ishimga qaytaverdim. Uyga odam kelganda shuncha istak hovli bilan bitta boʻlib yotsa, yaxshimasdir? Oyim koʻrpacha yozib boʻldilar shekilli:
— Keling, opovsi, kiravering, tortinmang, — deb chaqirdilar.

Ular oʻtirib, duoi fotiha qilishgan, hol-ahvol soʻrashgan boʻlishdi. Oyim hamma qolib, shahardagi opalarini, pochchani, ularnikidagilarni soʻrab-surishtirar edilar. Xuddi bu u yerga har kuni kiradigandek.

Oʻrik boʻrtiqchalarini boʻrttirib, g‘unchachalarini anor donachalaridek qizartirib yuborgan koʻklam oftobi asalarilarga ham jon baxsh etib yuborgan, ular chor-atrofni tutib, — g‘uvillab-vizillashar, shohdan shohga qoʻnib, koʻz yora boshlagan g‘unchalar ustida namoz oʻqishar, oʻrik gullarini joynamoz etmoqchi boʻlishar edi. Biz ham bugun uyning qishi bilan oʻtirib qolgan zahlari, mog‘oru koʻmir hidlari koʻtarilsin deb eshik-derazalarni ochvorgan edik. Shuning uchun dahlizdagi barcha gap-soʻzlar menga jangillab eshitilib turar, kirmaganimdan pushmonda emasdim. Nimaga kepti ekan bu goʻrsoʻxta, deb ichim qizib turgan boʻlsa-da, qoʻlim ishda — oʻzim istak terish bilan bandman-u, qulog‘im ding, oʻsha yoqda edi. Hech bir gapni qoldirmay suvdek simirib turibman. Zokir milisa boʻladiyu bekorga keladimi, u quv!

Ammo oyim shundan shu yoqqa kelgan mehmonni bir piyola choyu qaymoq bilan siylamay joʻnatgilari yoʻq edi. Tanchadagi choy, chambarakdagi qaymoq bilan qoniqmay ichkari uyning toʻsinidan choʻpga ilib uzum olib chiqdilar, paqirdagi suvda chayib oldiga qoʻydilar. Uni ham kam bilib, yong‘oq chaqib opkirdilar. Soʻng churrak non ushatib, katta tokchadan durda olib qoʻydilar.
— Oling, qishloqning ne’matlari. Nasibangiz qoʻshilganakan, tortinmang.

Oyim uning qaysi bir soʻziga iyib ketaqoldilar, hech aqlim yetmay turibdi. Milisa zotini koʻrsalar tepa sochlari tikka boʻladigan odam buni opalarining oʻg‘lidek koʻrib, aylanib-oʻrgilar edilar. Sultonga tegishli degan bir og‘iz soʻziga shunchalik erib, iyib ketibdilarmi, tavba. Yo yuz-koʻzidan bir narsani sezib siporishlayaptilarmi? Bularga ishonib boʻlarkanmi? Hech birovni ayaganmi bular? Avrasa mumkin, lekin oʻla qolsa, sir bermas.
— Oling, aylanay, qaerdan kelgansiz! Har qancha nonushtangiz boʻlsa, yarim yoʻlda tushib qolgan. Oling, opovsi, osh boʻlsin, — deb ora-chira qistab, choy uzatardilar oyim.

U esa Xudo berib, avval qaymoqni paqqos tushirdi. Keyin durda bilan uzumni.
— Voy, xolamoyi-ey, ammo-lekin durdani qotiribsiz. Manman deganlaram bunaqa durda qilolmaydi! Maska boʻp ketipti, maska! Hov-v, sigir koʻp yaxshi narsa-da! — derdi u. Nihoyat, u kekirib orqasiga yastandi. Shu yastangan kuyi choy hoʻplayturib, men tomonga koʻz qirini tashlab qoʻydi. Meni supada istak terish bilan ovora ekanimni qoʻrib, oʻzicha xotirjam tortib, uzoqdan gap boshladi:
— Xoʻsh, Kattabog‘da nima gaplar, xolamoyi?
— Nima gap boʻlardi, tinchlik, — uning muddaosini anglamayinqirab javob qildilar oyim. Zokir-quv gapni mish-mishlarga burdi:
— Sulton qaytipti, yana anuvlarning xoʻb adabini beryaptimish, degan gaplar-chi? Shamol boʻlmasa, daraxtning uchi qimirlamas?

Oyim, qoʻl silkidilar:
— Hammasi bekorchi gaplar! Keladiyu qorasini koʻrsatmaydimi? Shunga ishonib oʻtiribsizlarmi?
— Boʻlmasa, kim... oʻg‘rilarning dodini berayotgan? Bir emas, qanchasi adabini yeb, pusib ketdi-ku, axir. Yo notoʻg‘rimi? — dedi u. Sinayaptimi-rostdan soʻrayaptimi, bilib boʻlmasdi.
— Yoʻq, — dedilar oyim qat’iy qilib, — Sulton boʻlsa, qoʻrqib-netib oʻtirmasdi, kirardi.
— Demak, uning nomidan birov... shundaymi? — dedi milisa.
— Shundan boʻlagamas. Uni bu yoqlardan izlab ovora boʻlmay qoʻya qolinglar. U sizlardan qoʻrqmasdi, bilasizlar-ku.
— Bilamiz, lekin... — Zokir milisa ovozini past-latdi, men qoʻltig‘im tagidan uning oyim tomonga engashib bir nimalar deyayotganini qoʻrdim, — lekin Siz kechagilar bekorga kelgan deb oʻylamang.
— Ularni atay... yuborishganmi?.. — dedilar oyim.
— Buyam... kishi koʻziga, — dedi u ovozini yana ham pastlatib.
— Voy, tuzoqmidi?
— Ha-da.
— Voy, oʻlmasam, — Oyim yuzlarini changalladilar,— Hali shunaqqibam tutadilarmi?
— Tutadilar, — dedi u.
— Boyaqish jigarimiz. Oʻz yurtiga qaytishga ham ruxsat yoʻqmi?
— Siz nima deb oʻylovdingiz, gunohlari kechirilganmas, — dedi u oʻsha-oʻsha past ovozda nimadandir hadiksiragan kuyi. Ora-chira hovliga koʻz tashlab qoʻyadi. Mendanmi, kimdan hadiksirayapti.
— Voy, xudoyim, tutsalaroq qamaydilarmi? — dedilar oyim oʻtakalari yorilib.
— Qamash ham gapmi, omonlik yoʻq unga. Shuning uchun, — dedi u yana ovozini boyagidek pastlatib, — esi borida...

Oyim hayron qoldilar:
— Nima, esi borida?... Oʻzi yoʻq odam qanday etagini yopadi? Unga biz qanday yetkazar ekanmiz bu gapni? — deb tikildilar.Hatto men bir quchoq istak qoʻltig‘imda yerga choʻkkalaganimcha qolgan edim: nahot uning kelgani rost? Biz bilmagan narsani bular qaydan bilaqolibdi?!

Milisa tomoq qirib, men tomonga alanglab oldi. Bunga sari men hech narsadan xabari yoʻq odamdek ishga mashg‘ulman.

U boyagidek shipshidi:
— Siz menga ishoning. U chegaradan oʻtdi degan gaplar bor. Boʻlak odam boʻlsa kelib yurmasdim, ichim ham achimasdi. Shuncha mardliklar qilib yurgan odam... bekorga tuzoqqa tushib yurmasin. Bilib oling: bu gapni mendan eshitmadiz! Umuman, men bu yerga kelganimam-kirganimam yoʻq. Qoramni ham koʻrmadiz. Xoʻp? Anuv oʻg‘ilchangiz ham... eshitdiz-a?`

Oyim allaqanday garangsib, shoshqich bosh silkidilar:
— Xoʻp, opovsi, xoʻp. Shu gap shu yerda qoldi.
— Xoʻp boʻlmasa, men turdim. Mehmondorchiligingiz uchun rahmat.Qaymog‘u durdalaringiz esdan chiqmaydi. Sog‘insam kelaveraman, maylimi?
— Voy, maylisi nimasi? Qaymoq sizdan aylansin, eshigimiz hamisha ochiq.

U allaqanday oshiqib, oyimning duoi fotihala-riga ham qaramay oʻrnidan tura boshladi.
— Rahmat, endi orqamdan chiqib yurmang, — dedi u boshqa gapga oʻrin qoldirmay. — Men tekshirgani kelgan odamman. Har kim har xil tushunib yurmasin.

Oyim nochor dahliz oʻrtasidayoq toʻxtadilar.
— Xayr, Ollohning panohiga, — dedilar xijolatlanib.
— Xayr, — deb u zinamizga chiqib keldi. Toʻxtab oʻsha yerdan keng hovlimizga, ochib qoʻyilgan-u, toklari koʻtarilmagan ishkomlarimizga, devor bilan boʻy talashib oʻsgan behilarimizu yana bu yoqda boʻrtib yotgan ertangi gilosimizu govmichchadek qizarib, g‘unchalab kelayotgan oʻrikka suqlanib-havaslanib qoldi. Negadir koʻzini yumib, (huzurlanibdir balki) yuzini ishqab qoʻydi.

Va men — quchog‘imda bir dasta istak, uni koʻksimga bosgancha hayratlanib turganimni koʻrib, issiq jilmaydi. Va shu issiq jilmayishida oʻzimga judayam tanish-boshqa birovga oʻxshab ketib, meni yana ham hayratda qoldirdi. Subhanalloh! Koʻz oldimda tamomila boshqa birov — bizga yaxshilik sog‘inib kelgan koʻk toʻnli, boʻydor odam turar, u akamning qay bir yigitlaridan biriga juda-juda oʻxshab ketar edi. Bunday hushqad, istarasi issiq kishini qachon, qaerda koʻrgan ekanman?

Esladim.

U nimasi bilandir rahmatli Haybat akamga juda-juda oʻxshab ketgan edi. Tavba. Qanday qarindoshchiligi bor ekan ularning? Balki hamma mard, tanti yigitlar ham vaqti kelib, shunday koʻrkam, xushqad tortib ketarmikanlar? Yuzidan nur yog‘ilishini koʻring buni. Kim aytadi uni Zokir milisa deb, hech kimga el boʻlmaydi, deb? Boya kelgandagisini koʻringu hozirgisini koʻring. Oʻzi nima voqea yuz bera qoldi?

Hushim oʻzimga kela qolmasdi.

Va shunda birdan koʻzimga nima koʻrinib ketdi deng?!.

Mol boqqani tushganimizda tepalarning yonbag‘irlarida, eski chaldevorlar kavaklarining shunday takkinasida piyoz poʻstidan ham yupqa, lekin bor boʻyicha yarqiroq etini tashlab ketgan — ilon poʻstini koʻrib, «voh, buni qara»lab yuborar edik. Hozir shu koʻz oldimga kelib ketsa-ya, tavba. Nega, tushunolmasdim: ilon-ku poʻst tashlashi mumkin, lekin odam ham... oʻzgarib qola olar ekanmi?

Sabru Jamiil (mahfuz xatlar davomiga)

Kunlarning suvdek oqub oʻtushini koʻrung. Kecha Maqsudxoʻja qaynum ilinib, bir hovuch oq oʻrikning g‘oʻrasinu terib keptilar. Jonivor dumbul boʻlib qoliptu deng. Voy, qayuttan topdiyz, qayutta oqaribtu, — deb quvonub kettim. Xalutdan bir ajoyib oqara boshlab, danak qoraytubdi. Kichigoyumlar bilan omonluq-somonluq qilduk. Keyun hovludagu gilosnu uzduk. Huzurini qush koʻrguncha biravlarning og‘ziga tegsun, dedilar. Oʻzi ikkinchi yil gullashi ekan-u, mush-mushakon qiptu, bargidan mevasu koʻp. Olloh barakasinu yog‘dursa, shunaqa boʻlarmush, Kichigoyum aytsalar, og‘zum ochilub qoluptu. Maqsudxoʻja erinmay gilosniyam, barginiyam sanab edular — koʻp chiqdu. Yeganimuz, qoʻshniga chiqarganimuzdan tashqaru yana bir paqur bozorluq chiqdu. Bir chiroylu oʻtirib eduk, qaerdan keldi balo ertalabdan?...

Ular bozorga ketishgan, men hovlu supurar edum. Hali kun yoyilub, hovluni oʻpmay turib, kim koʻchadan chaqirub kelaverdu:
— Hov, Salompa?! Kim var?! Bir jan varmu?!

Birov eshik zulfunu uzgudek taqullatsa, jonum tovonumga tushub ketuptu. Ovozidan dala qorovuli — anuv chulchutga oʻxshardu. (Uvatga yaqinlashgan molnu dumini kesub, oʻzini otxonaga haydab ketadurgan). Xoxolmu, chunchutmu, ishqilub Xudoning boshlu-koʻzlu bir balosi. Nega kelibdu, zoʻr berub kichigoyumlarni chaqirub yotibdu? Aqlum yetmasdu...
— Varmu javap, yoʻqmu javap?! — Eshiknu itarsa deng, sarxoklari duv toʻkildu-tushdu. — Qani u ishga chiqadugan kelun?

Voy, halu shunga ekanmu, deb qalturab kettum.
— Apkettum malinu!

Oyoq-qoʻlim boʻshashub tok tagiga oʻtirub qopman. Qalt-qalt titrayman faqat. Menu deb bularga shuncha zug‘um! Qayoqdanam keldum?

Hoy, toʻxtang, deb orqasudan chopgum boru... qani ovozum chiqa qolsa, oʻrnumdan tura olsam!..

Xudoning g‘azabi ekan-ku, bulariz. Hajjoji zolum nimayu bular nima!
— Shoshumang, opketumang, — deb chopgan joyimda... qoʻshni devor rahnasidan Rixsi opoqi koʻrinub, jovullab berdilar:
— Hoy, noinsof, hoy, yashshamagur! Molga tegma, egasi kelmasdan tegma! Bir mushtiparga kuching yetdimi sanlarni! Tort, harom qoʻlingni! Hoy, Umar, qarang anavi chulchutga. Yetaklab ketyapti, yashshamagur.

«Voy, manu deb opketyaptimu, nimaga opketadu»lab yugurgilab chiqsam, u yoqdan Islom amaku, bu yoqdan bosh-qa qoʻshnilar yetub kelishibdu. Qoʻrqmaskan-a! Molnu tashlab, ketishuniyam, ketmasuniyam bilmaydu! Shuning ustiga past koʻchaning qayrilishidan boshqa bir otluq chiqub kela boshladu. Unu egarda qiyshuq oʻtirishidan tanub (U oʻsha qorayaloq — choʻloq odam edu!) ichum sidirilub, bir xil boʻlub ketubman! Sizga yolg‘on, Xudoga chin, nazarumda u mana bu chulchutni yuborib qoʻyib, orqasudan oʻzi kelmoqdaydi. Ichum shuvullablar ketdu. Oʻlubmiz, sigirdan ajrabmuz, menu deb olib ketishadu, ularni shu kunga qoldirishadu deyman-u, nima qilarimnu, nima deyarimnu bilmayman. Bir qaltiroq bosub, kichkina tortub ketyapman.

Yoʻq, u yetib keldiyu... (voy, nega osmon uzulib tusha qolmadu, nega yer yorulub, yerga kirub keta qolmadum! Koʻrmasdumam, kuymasdumam!) shuncha odamning ichida uyatlarga qoldirub, bizni himoyamizga oʻzi yuborgan chulchutni soʻka ketsa deng! Soʻkkanda ham boʻralab soʻkar, hammadan uyatlusi — atrofdagilar, qoʻni-qoʻshnular uni nimaga soʻkayotganini anglab, hech narsa bilmagandek jim-jim, burilub ketmoqdaydilar, tarqab ketmoqdaydilar.

U esa, qorayaloq esa:
— Hov, it chulchut! Senga kim buyurdi, bir beva, bir boyaqishni zor qaqshat, molini yetaklab ket deb?! Harom burningni suqmagan shularniki qoluvdimi! — deb ustiga ot solib, qamchulab ketgudek boʻlar edu.

Chulchut boʻlsa, xushi uchub serrayub qoptu. Qani tili aylansa, kim buyurganinu ayta olsa. Oʻzi buyurib oʻzi soʻkarini qaydan bilsin. Axiyri bir nimalar deb g‘oʻldirab edu.
— E, «var»lamay ket! Yoʻqol! — deb soʻkub tashladu.

Qoʻshnular oldida nima degan odam boʻldum? Menu deb, oʻzicha nimalarnu oʻylab, shu yergacha keptu? Oʻrtaga tushib yuruptu. Koʻrganlar endu nima deydu? Kichi- goyum nima deb oʻylaydular? Kelsangiz kela qolmaysizmu, Sultonmurod akajon? Qanday kunlarga qoldum?! Shularnuyam pardai ismatdagi qizu, kelinu bormukan? Yuzini sidirub tashlab kelaveradumu?

Qanday sharmisorlik?! Jiyanu orqali soʻratgani kamday, oʻzinu xomiy koʻrsatub, oraga tushub keptu. Yer qanday koʻtaradu bundaylarnu?

Ichkaru kirib ketub, yig‘ladum-siqtadum, oʻzumdan oʻtganuni oʻzim bildum. Qani bosh urub boradurgan bir yerim, bir suyanchuqlarum boʻlsa, bir kun ham turmasdum bu yoqlarda. Ilojsizman, benavo-bevatanman, qaerga ham borardum? Yoki Olloh shunday sinayaptimu?

Oyum aytardilar, chiroylu sabr etganlarga chiroylu ajr bor, deb. Ilojum qancha! Sizga yetishmoqning boshqa yoʻlini topolmayuturman. Tishumni tishumga bosub, sabr etsamgina Siz kirub keladigandeksiz. Ungacha barchasi imtihonga, mening sabrum, nomus-orumni sinashga oʻxshaydu. Hammasini Olloh koʻrib-bilib turgandur. Pokligumniyam, sodiqligumniyam, barcha xoʻrliklarga miq etmayun, chidab oʻtirganumniyam.

Kichigoyumgilar kun yoyilganda kelishdi. Yoʻlda bir uchini eshitibdilarmu:
— Nima boʻldi, nimaga kepti, Ollohning qahriginasiga yoʻliqqur? — dedilar.

Toʻlib turgan edum, quchoqlab olub, shu yig‘lab berdum, shu yig‘lab berdum. Negaliginu aytolmay: «Menga javob bera qoling, kichigoyujon, keta qolay, qoramni oʻchira qolay shularning koʻzidan. Sizlaram tinchigaysiz, menam» derdum. «Jon kichigoyujon, shahargamu, bir yoqlarga joʻnating. Kasrum urmasun, jadumga qolmangiz», deb uvvalo yalinardum, oʻtinardum.

Ammo u kishi menu siltab tashlab, urishib berdilar:
— Qanaqa kasriz, qanaqa jadiz?! Sizda kasr nima qilsin, kelinposhsha? Qayoqdagi gaplarni gapiryapsiz? Men sizni xoʻrlatib qoʻyarkanmanmi! Yana bir marta oyog‘ini bossin shu yoqlarga, oʻzini qaerda koʻrarkin! Sultonmurod ketib, bosar-tusarini bilmay qoptimi! Shoshmay tursin hali.
— Qoʻying, kichigoyujon, oʻshalarga teng kelmang. Oʻchakishmang. Javr sotub olub, jadumga qolmang, — deb yalinardum men.
— Qanaqa javr?! — dedilar u kishi, — hech yoqqa ketmaysiz. Sultonmurod kelguncha qum-toshdek oʻtirasiz shu uyda. Dalasiga ham chiqmaysiz, ishigayam bormaysiz! Ordonalar qolsin dalasi! Kelsa, mana men turibman, menga uchrasin. Boring, uyizga kiring. Behuda xayollarni boshizdan chiqarib tashlang. Bitta kelinimni asrab oʻtirolmasam, men kimman?

Tilla xolanguz borakanlar. Aqlu hushimni joyuga keltirub qoʻydular. Rostdanam shularga uchramaganumda holim nima kechardu ekan?
— Keling, choy ichovuz. Maqsudxoʻjam bilan zoʻr churrak nonlar opkelganvuz. Unuting hammasini. Orqaga tashlamasa, bu dunyoda yashab boʻlarkanmi, — deya qoʻyarda-qoʻymay choyga olib chiqdular-da, choydan keyin esa Maqsudxoʻjaga bir ish buyurub, xoli olub qoldular.
— Aytmoqchi, anuv namoz nima boʻlyapti? Turyapsizmi? — deb soʻrab qoldilar.
— Qaysu? — dedum dabdurustdan anglab yetmay.
— Yarim tundagi-chi?..
— Unimu, qodir qilgancha... oʻqiyapman, — dedim uyalub.
— Yoʻq, siz uzmay, boʻlmay oʻqing. Har kecha oʻqing. Sizga eringiz kerakmi — oʻqiysiz! Yig‘lab soʻraysiz Oʻzidan. Bir kecha emas, oʻn kechamas, qirq kecha turib soʻraysiz. Oʻz oyog‘i bilan kirib kelmasa — ayting! Olloh boʻladi-yu, yig‘lab soʻraysiz-u, yetkazmaydimi?!.

Shu gaplaru bilan oʻsha namozga turadurgan boʻldum. Yarim kechadan oʻtganda tahoratlar qilub, oʻzumnu tayyorlab, sakkiz rak’at namoz oʻqiyman-da, joynamoz ustuda Ollohumga munojotlar qila ketaman. Qaerda boʻlsangiz ham hifzu himoyasiga olishunuyu koʻnglingizga yurt sog‘inchinuyu bizlarning sog‘inchimuznu solub, bu yoqlarga otlantirishinu, aziz boshingizni toshdan etub, omon-eson yetkazishinu soʻray boshlaymanu yig‘i ham ich-ichumdan toshub kelavuradu, toshub kelavuradu. Tepamasjiddan azon chaqirgunlarucha shu oʻtirishum — oʻtirish. Shu yig‘um — yig‘i.

Keyin turib, yuz-koʻzlarumni chayub, qayta tahorat olub, kichigoyumlar bilan bomdod oʻqiymiz.

Shunday kunlarning birida yana ertalab, yana ular bozorga ketushgan mahal eshigumiznu bir paranjuli xotin chaqirub keldu. Ichkari kirib boshidan paranjusinu olub edu, judayam koʻhlik, kelishgan juvon ekan. Bizdan ulug‘rog‘-u, lekin yasan-tusani joyida, aynuqsa, duxoba nimchasi qarg‘ashoyi koʻylagi bilan yig‘lab koʻrishgan edu.
— Kelung, opajon, — dedum.
— Yaxshimisuz, opovsi, — dedi u ham yelkamga qoqib-koʻrishub, — siz adashmasam, Salom xolamlarni kelinlari boʻlasiz, shundaymi?
— Shunday, — dedim iymanib-tortinub.
— Tabibchilikdan xabariz borakan, — dedi u oʻsha-oʻsha tusmollab.
— Biroz... Lekin men bu ishnu boʻynumga olgan emasman, opajon, — dedim rostiga koʻchub.
— Mayli-da, kelinposhsha, soʻradim-da, — dedi taskinmi-tasallumi berib, soʻng yana qaytarub. — Aybga buyurmaysiz, qaerdan boʻlasiz, — dedu.

Men aytub edum, toʻg‘ri topib kepman, rost aytishgan ekan, deb qoʻydu. Nimaga bunday deyaptu, kim yuborgan, soʻrashga til qanu, lekin ichum toshub ketmoqda. Nazarumda, biz uchun bir suyunchilug‘ xabarlar, chiroylu mujdalar olub kelganday.
— Adashmasam. Iqbor otinnikiga Marg‘u qizining suvratida borgan ham oʻziz, shundaymi? — dedi u hamon shirin jilmayishinu qoʻymay.
— Iltimos qilishub edu. Men bu ishlardan bexabar borub qolubman, — dedum.
— Qaytaga savobga qopsiz, kelinposhsha, — dedu oʻzinu yaqun olub.
— Kelung, — dedum niyatuni bilgum kelub. U boyagudek shirin jilmaydu.
— Sizga bir yumush chiqib qoldi, kelinposhsha, — dedu haligudan ham oʻzinu yaqun olub. Ilojuni topsa, qulog‘umga aytsa. Men ham uni yoqtirub qolgan edum:
— Zarur boʻlsa, jonum bila, — dedum.
— Borasizu qaytasiz.
— Qaerga, uzoqmu, — dedum.
— Yoʻq, shu yerda, shu tepaning orqasida. Hovlimizga oʻtavuzayu oʻzim opkeb qoʻyaman.

Tavba, nimagadur ichum tushib, borgum kelub turibdu.

Chindan oʻziz chaqirtirgan boʻlsanguz-chi? Yo chopar yuborubsizmukan? Qani, soʻray olsam?!

Oldinma-ketin borayapmiz ikki paranjiluv. Juvon oldinda, men ergashub. Koʻchada zog‘ yoʻq. U sochvonini bir chiroyluv orqaga tashlab olgan. Oʻzi ham yuzi ochiqqina, jilmaysayoq kulgichlari oʻynab bir chiroyluv tortub ketadikan. Bir koʻrgandayoq yoqtirub qolubman, ham ishonub ergashub borayotganumni ayting. Men unga maftun, u menga maftun. Har qadamda oʻgirilib:
— Kelyapsizmi, kelinposhsha? — deb qoʻyadu, bu ham yetmaganday shirin jilmayub, tasallular beradu, — hozir yetovuz. Boravuzayu qaytovuz. Oʻzim opkeb qoʻyaman.

Aytganday, Tepamasjiddan oshub, pastga ketgan yong‘oqzor koʻchaga burulduk. Qachon ekilgan ekan, har yon-g‘oqlarki, osmonu haftumda ishkomday tutashub ketgan. Bu yong‘oqlarni qanday qoqib olishadu — aql bovar qilmaydu. Ularning ustida zarg‘aldoqlar bir chiroyluv biyov-biyovlab sayrashub yotishibdu. Bog‘ hovlularning etagidamu, qaysibir chakalakda bulbul chah-chahlab qoʻyadu. Qushlar shunaqa emin-erkin, bog‘lar shunaqa soya-salqin. Jannatmu bu yer, deysiz.
— Yetduk, kelaqoling, — deb yoʻl boshlovchum yakka tavaqali pastak eshik ostonasida boshidan paranjusini oldu.

Yurakum bir orziqdiyu yana oʻzumni bosib oldum: nimaga yuzini ochyaptu, sizlardan qochmaydumu? Kim boʻlsa ekan u Sizga? Xayol qurg‘ur har yoqlarga olib qochadu. Axir Sizga tegishluv boʻlmasligi ham mumkin-ku. Bu koʻhluk juvon menu avrab olub kelutgan jin boʻluvi ham mumkun-ku. Men laqma laqqa tushub kelub oʻtirubmanmu?

Yurakum taka-puka boʻlub, yana bir qadam bossam boʻyra tashlangan chohga tushub ketadugandekman. Or-qaga qochub-qocholmayman, uchub-uchub ketolmayman.
— Voy, oʻz uyizday kiravuring, qoʻrqmang. Sizdan ikki og‘izgina gap soʻrashadi, xolos. Keyin oʻzim oborib qoʻyaman, tortinmang, — deb qistardi juvon.

Men esam, kim soʻraydu, nima soʻraydu, bilsam oʻlay, boshum g‘ovlab, esum og‘ub boryaptu. Bir kami soʻroq berushim qolgan ekanmu! Kimga, nega — bilsam oʻlaqolsun agar.
— Kelavuring, tortinmang hech, — deb tasallular berib, juvongina meni ayvonga boshlab ketyoptu. Kuraklarumni silab, yelkamga qoqub qoʻyadu, daldalar beradu, — yuzizni ochmasangiz ham mayliga. Shunday, eshik oldida tursangiz, bas. U kishi ichkarida, parda ortidalar. Yuzizniyam, oʻzizniyam koʻrmaydilar. Faqat ikki og‘iz oʻzingizdan eshitmoqchilar. Juraqoling.

Nihoyat zinadan koʻtarilub, aytulgan eshik oldida toʻxtaduk. Men paranjuga oʻranub, sachvonumnu tushurib olganman. Birov koʻrib, tanub qoladigandek bandagimnu tortub, juftlaganum-juftlagan.

Juvon eshiknu qiya ochub, ostonada turgancha ichkariga ovoz berdu. Men shift barobar tortilgan oq surpdan boʻlak hech narsa koʻrmasdum. Parda ortida kim bor — uni ham bilmasdum.
— Adasi, biz kelduk. Soʻraydiganizzi soʻray qoling.

Bu gapni eshitub hushim uchdi: Kimning ayoli ekan bu juvon? Hali erining topshirug‘i bilan borgan ekanmu?

Ichkarudan qiroatlu ovoz keldu:
— Yaxshimisiz, yanga? Uzr, bezovta etub qoʻyduk.

Begona erkak ovozidan kapalagum uchub, sapchub tushdum. Xuddi u kishi menu koʻrib turgandek edu, eshikdan nari tisarilubam kettum.

Juvon dalda boʻlsin debmu, men tomonga chiqub kelarkan:
— Voy, adasi, kelinimiz hali yosh, popuvdek ekanlar, kelinposhsha deyavering,— deb tushuntirish bergan boʻldu.
— Uzr-uzr, ming bor uzr. Soʻrang-chi, Sultonmurod oshnamizdan qanday xabarlar bor ekan? Bilganlarini aytsunlar, xotirjam tortayluk, — dedi u.

Men Siz haqingizda biron mujda eshitarmanmu yo biron chopariz borakanmu deb oʻpkamnu qoʻltuqlab kelub edum. Bu kishi mendan soʻrayotganuni eshitub, tarvuzum qoʻltug‘umdan tushdu. Va shu zahotu uning gaplaridan boshqa hikmat, boshqa taskin topganday boʻldum. Oshnamiz deyapti, begona emaskan-ku. Oqibati borki, hamiyat qilub chaqirubdu. Odam yuboribdu. Shunisiga-da, shukr.
— Ayting, aytavering. Sizni koʻp ushlamaydilar. Eski tanishliklari haqqi soʻrayaptilar, — deb tushuntirar, shivirlar edu ayoli.
— Nimayam dey? Kelushlari kerak edu — sarhadlar berkilub oʻtolmay qoldularmu, — deya oldum.
— Olloh har kishining mushkulini oʻzi oson etsin. Oshnamizning yoʻllarini ham ochsin, ilohim, — deb duo qildi avvaliga. Duosidan juda mutaassirlandum. Soʻng dedi: — Kelin, Siz koʻpam g‘am yemang, u tegirmonga tushsa butun chiqadiganlar xilidan, xudo xohlasa, kelibam qoladi.

Koʻpdan hech kimdan bunday shirin soʻz eshitmagan edum, koʻnglum boʻshashub:
— Rahmat, mulla aka. Farishtalar omin degan boʻlsunlar, ilohim, — dedum.

Oʻrtadagi begonalik koʻtarilub, qayoqqadur chekilgan edu. U kishi otalarcha mehribonlik koʻrsatub bir nimalarnu soʻrar, men baholu qudrat javob qilar edum. Nazarumda parda ortida oq soqolli, yuzlaridan nur yog‘ilgan bir moʻysafid oʻtirgandek edi. Faqat tushunmasdum: nega meni boshlab kelgan bu koʻhlik juvon adasi demoqda, cholga tushgan ekanmu deyman. Balki otasidur chalkash eshitgandurman. Yana ishtibohga tushaman: Unda nega oshnamuz demoqda Siznu? Hech tushunuksiz. Parda ortida qay holatda oʻtirubdu yo turibdu — unisiniyam bilolmayman. Faqat qiroatluv ovozidan oʻsha suvratda — moʻysafid suvratida koʻz oldumda turibdu.
— Salomxon xolanikida ekansiz. Ishonchli joyda. Qalay oʻtiribsizlar? Xola bardammilar, haliyam mashinachilik qilyaptilarmi? — dedi u.
— Qilyaptilar. Oʻtiribmuz bir navi, — dedum. Nimanu soʻrarkan — hech aqlum yetmaydu.
— Ollohning panohiga. U kishining qavatiga kelib, yaxshi qipsiz. Faqat, — dedi u tomoq qirib, soʻz qidirinib, — faqat, qulog‘imizga chalinayotgan ba’zi uzunquloq gaplar... aybga buyurmaysiz, kelin, oʻzingizdan soʻrab-surishtirmoqqa, aniqlashtirmoqqa majbur etayotir. Bizga Xudoni oʻrtaga qoʻyib, lilloh soʻzni aytavering, kelin. Nimalar boʻlyapti? Kim Sizni, sizlarni xafa qilmoqda?

Shuncha voqealar kechub, hechkum bunday oʻrtaga tushmagan, soʻrab-surishtirmagan, holing ne kechyapti demagan edu. Bilmayman, toʻlub turgan ekanmanu, yo qaysibir soʻzi yurakumning ingichka yerlariga tegub ketganmidu bir xoʻrluk bosub kelub, oʻzumni tutolmay qoldum.

Nazarumda parda ortida boshqa birov emasu, dadam oʻtirgandek edular. U diyordan yetub kelishga kelub, topub kelishga kelub, faqat yurakkinasinu yorvor- mayin debmu parda ortida boshqa kishi nomidan hol surab turar edular. Endi topdum. Qiroatluv ovozlari ham juda-juda oʻxshab ketar edu.
— «Dadajon, oʻziz-ku. Bu men Mahfuzangizman, baxtiqaroinguzman», — deb oʻshayoqqa otilgum kelar-u, otilolmasdum.

Faqat, yig‘umni tutolmadum. Bosolmasdum. Ich-ichumdan bir titroq bilan, qaltiroq bilan bir xoʻrlik bosub keldiyu chaqurub borgan juvonni quchoqlab olub, bir yig‘lab berdum, bir yig‘lab berdum.

«...Dadajon, shuning uchun menu bu yoqlarga joʻnatub edizmu? Shu koʻrgiliklarnuyam-da koʻr, peshonangga yozilgani shu, devdingizmu? Koʻnglingiz boʻlmay endi oʻziz qidirub keldizmu? Shuncha yerdan topub kelduzmu? Olub keting, bu yog‘iga chidolmayman. Oʻz diyorumizga olub keting. Bir kunam turolmayman bu yoqlarda!» — deb boʻzlardum. Ovozum chiqyaptimu, yo nuqul yig‘i bitganmu, u yog‘ini bilmasdum. Juvonga yopushib olgandum.

U esa:
— Hoy, kelinposhsha, oʻzizzi tuting, oʻzizzi bosing. Uyat boʻladu. Soʻraganlarini hammasini aytmasangzam bir og‘iz tasdiqlasangiz boʻldi, u yog‘i bularning ishi. Siz u yog‘ini oʻylamang,— deb ovutarmudi, yupatarmudi, yelkalarumni, boshlarumni silab, bag‘riga bosarmudi — men oʻzumga kelolmasdum.

Shuning orasida haligi odam bir g‘alatu ovozini koʻtarub:
— Bonu, Bonu deyman! — deb qoldu.
— Labbay, adasi, hozir, — deb men bilan hayalladi juvon, — mana, hozir.

Qistama, oʻziga qoʻyib ber, deydimu deb oʻylab edum. Ammo parda ortidan uning shoshqich ham holsiz ovozi kelardu:
— Boʻla qol, Bonu. Bir piyolagina...

U suvmi, nimadir soʻrar edu.
— Ketyapman, — juvon erining holini oʻzi biladi shekilli, ichkariga chopdu va shu asno oq pardani yulqib ochub, paqirdagi suvdan kosalab olarkan, koʻzum oʻzum hozirgina gaplashgan odamga tushub, tosh qottum. Parda tushub boʻlgan, juvon eriga suv tutar, «Mana, adasi, icha qoling», deb jonsarak boʻlar-u, mening koʻz oldumdan tancha yonida yostuqlarga koʻmilub oʻtirgan jaji desammu, jajmon desammu, yarimta odam ketmasdu!

Ishonasizmu, oʻzi jimitdek, ammo soch-soqoli oppoq odam... (bu qanday hol?) xumdek boshini tizzalari orasiga soluntirub oʻltirar edu. Tizzalari, qoʻllari rosmana, tavba.

Men kimnu koʻrdum, nimanu koʻrdum, u jinmidu, insmidu, halu-hanuz ajratolmasdum.

Koʻrganum — koʻrayotganum, men turgan bu ayvonlar, pastdagi hovliyu anuv azim tut — barchasu bir roʻyo desam, ichkarudagi oʻsha oq parda ortudan juvonning tanish-jonsarak ovozu kelub turar edu:
— Iching adasi, iching, g‘uborizzi oladi muzdek suv. Bu tarnovni suvi — Ollohning rahmati, — derdi u.
— Ichdim, Bonu. Oʻtdi, oʻtib ketdi shekilli, Bonu. Yaxshiyam sen borakansan. Koʻkning, buloqning suvlaridan opkeb qoʻyganakansan. Xuddi zamzam ichgandek boʻldim. Dardlarim aridi-ey. Buyam boʻlsa, Xudoning g‘amxoʻrligi. Yoʻg‘ingda tutsa, nima qilar edim.
— Tutmaydi, adasi, Olloh hafiz — bardam boʻling.
— Inshaalloh de.
— Inshaalloh. Birdan-bir soʻraganim shu-ku, adasi. Shunchalik umr berib qoʻyibdi, oʻzining zikri, shukri, ibodatiga mashg‘ul qilib qoʻyibdi, bu yog‘iga ham oʻzi asraydi, adasi.
— Bu dunyoning ishlariga aralashib, manavinday qozivozliklar qilib oʻltirishim ba’zan...
— Unday demang, qahri kelgay Ollohning. Bunday chiroyli amalni hamma ham topsin-chi, qilsin-chi! Qoʻying, tilingizga olmang qaytib, Xudo bilsin — oʻzingiz biling...
— Avvalgi gunohlarimning kafforotiga oʻtsa, bas, menga shuni oʻzi kifoya, Bonu, kechirsa, bas.
— Shuni bilsangiz — qaytmang. Ollohning shari-atini baland tutish Sizning zimmangizga tushgan ekan, qaytmang.

Ular meni-da unutub, bir-birlariga taskin berishar, oʻzuning shu ahvoli-shu alpoziga adolatchi boʻlib oʻrtaga tushganiga men hayronu lol edum, oʻzuni zoʻrg‘a eplab oʻtirgan odam qanday oʻrtaga tushyapti, hech aqlum bovar qilmasdu. U kim oʻzu, oʻzuga yeng boʻlguncha birovga en boʻlishga jazm etgan? Bu ishlarni kimga ishonub qilmoqda?

Yolg‘iz Ollohgamu?..»

Oʻtag‘asining Oʻrdasi (yoxud qissagoʻyga noma’lum, muallifga ayon tarixlardan yana biri)

— «Alhamdulillahi lakal hamd, alhamdulillahi lakal shukr, alhamdulillahi ne’mati fahma din». Oʻzingga beadad shukrlar, — deb shivirlardi u mushtdek boʻlib, bolishlarga koʻmilib oʻtirganicha.

Yana bir tun chekilib, kecha kunduz bilan almashinmoqda edi. Almashinmasa, nima qila olar edi inson? Holi ne kechar edi? Tun qorong‘uligida surgalib-tentirab oʻtkazarmidi umr? Xayriyatki, Zoti avval — Hayyul Qoyyum rahm etdi: kecha oʻz oʻrnini tongga boʻshatdi.

U chilla pardalari koʻtarilib, shiftga tortib qoʻyilgan uyda har kungidek tancha toʻrida qiblaga yuzlangancha bir amallab oʻtirar ekan, oʻsha yolg‘iz ishonga- ni — suyanganiga tonggi hamd aytmoqda edi. U hamd aytmay kim aytsin! Qaysi gunohlari evaziga oyoqlaridan jonu madorni olib, oʻzini bir burda — yarimta jonga aylantirgan Olloh uning oʻrniga toʻrt muchasi sog‘ har odamlar yetisholmaydigan bir hidoyatga, bir nuri taskin — koʻngil yorug‘ligiga musharraf etib qoʻyibdi, axir.
— Alhamdulillahi ne’mati islom, — deb shivirlarkan, tashqaridan ham tong shovurlari kela boshlagan edi.

Eng avvaliga boʻg‘ot ostidan bir juft qushcha parillab uchib chiqdi. Soʻng bog‘ adog‘idanmi, qay yerdan qorashaqshaq ovozi keldi. Soʻng g‘urrak g‘urillab, chumchuqlar chirqillashga tushdilar. Soʻng har kungidek hovlidagi yolg‘iz tutning ustida sa’va chiv-chivlamoqqa, qoʻshni tomondami — undan narida qarqunoq qiv-qivlamoqqa boshladiyu qay qush qaerda sayrayotganini ham ajratib boʻlmay qoldi. Olam ularning chug‘ur-chug‘uri, tasbehotlariga toʻlib bormoqda edi. Faqat ora-orada jannat qushlarining ovozi kabi bir sayroq — haqqu, haqqu, haqqu ovozlari eshitilib qolardi.

Oʻzi-ku, yarim jon — oʻtirib qolgan odam. Bu yoq umri soʻnggi nafasiga dovur foydaga qolgan. Lekin har bitta shovur, har bitta ovoz ming hikmatga burkanib, quloqlariga yetib kelaveradi. Oʻzi esa bu dunyo hayotidan boqiy dunyo alomatlarini qidirmoqqa, topmoqqa, shundan taskin-tasallular olmoqqa mahkum. Bu yerda oʻtirib xayoli olam kezadi, shu oʻrdasidan chiqmay Kattabog‘u Yakkabog‘da, undan nari — Qa’ng‘liyu Chalada kechgan-kechayotgan voqealarni elakdan oʻtkazadi. Oʻsha mavzelardan kelgan har bitta xabarni yutoqib eshitib, shu elakka tashlaydi. Bu «elak» esa har bitta sitamgarga qanday jazo tayinlashu jabrdiydani qay tariqa rag‘batlantirishni ham unutmaydi. Bu ishni yolg‘iz Olloh rizoligi uchun qilayotganini yashirmasa-da, oʻzini tanitgisi yoʻq. Barcha-barchasi riyoga aylanib ketuvidan qoʻrqadi. Illo, uning niyati ham oxirat sanduqlarini savob ila toʻlatib olish. Jon esa omonat. Egasi qachon huzuriga chorlasa, labbayka va sa’dayka aytib, boruvga hozir.Unga dovur harqalay chiroyli amallar qilib qolmoq mumkin.

Taqir gilam ustiga bir hovuch nur tushib, Bonu kirgani bilindi. Oʻsha nur shu’lasida ming-milliard zarralar g‘ujg‘on oʻynab, tilla gardlar goh toʻzonlanib, goh holsizlanib hallanar edilar.
— Asslomu alaykum, adasi. Sanolariz tugagan boʻlsa, nonushtani hozirlayversam, devdim? — Ayoli bir chetdagi joynamozini olib, qoziqqa ila boshladi.
— Vaziri a’lamdan darak yoʻq. Hayalladimi bu-gun?
— Kun yoyilguncha kelib qolar, choyni nima qilay?

U ayolining yuziga uzrxoh termuldi:
— Qayoqqa ham shoshaman, Bonu. Jindek kutaylik.
— Toliqib qolmang.
— Sen opkirarsan ham, lekin usiz choy ichimga tusharmikan? — dedi u jilmayishga urinib.
— Tinchlikdir, adasi. Boʻlmasa, allaqachon yetib kelishardi-ku.
— Gaping toʻg‘ri-yu, tun qanday kechganini bil- maguncha yegan-ichganim ichimga tushmaydigan boʻp qolibdi.
— Mayli, oʻzizga qarang, — Bonu uy yuzini yig‘ishtirib chiqdi ham, boyagi hallanib g‘ujg‘on oʻynagan toʻzon ham soʻndi-qoldi. Ortidan eshik berkilgan edi.

Shu mahal atrof-javonibni jangillatib, oʻrikzor ichida ot kishnadi. Tokchalardagi patnislaru xanik chetidagi jomga qadar jaranglab ketgan edi. Tanidi. Bu oʻsha-oʻzlarining saman toyi. Hoʻb otmisan — ot chiqyapti-da. Shuning uchun ham vazirga berib qoʻyibdi. Xolis, sidqidil xizmati uchun. Qolaversa, oʻzi ot minarmidi. Ot minish, uloq chopish muhabbatlaridan bir yoʻla mosuvo boʻlgan, kechgan. Yaxshiyam, shunday boʻlgan ekan. Olloh dunyo muhabbatini olib, oʻrniga boshqasini berdi. Bermasa, oʻsha koʻyi qoldirib yuborsa, nima qilardi? Xuddi Fir’avnga dard bermaganidek.

Hozir-chi? Oyoq baravariga ketgan. Ba’zan jindek uvishib, jimirlab qoʻyishini aytmasa, sonidan pastlari yoʻq hisob. Qoʻl bilan tortib olmaguncha ham oʻngarilish amri mahol. Jussa bu ahvol. Jimit torta-torta shu ahvolga keldi. Tag‘inam Olloh hafiz-aqlini olgani yoʻq. Farosatini olib qoʻya qolsa, nima qilardi? Yana oʻziga shukr, koʻksi butun, koʻksida oʻsha hidoyatini darig‘ tutmagan zotga cheksiz, anduhsiz muhabbati bor. Balki uni bu dunyoda tutib turgan ham oʻsha muhabbatdur. Uning qoshiga, huzuriga quruq qoʻl bilanmas, oxirat sanduqlarini xush amallar bilan toʻlatib borishga orzumandlik, oshiqish, shoshish tutib turgandur. Boʻlmasa, shu holiga ilgarigi tovkasidagilarni yoniga yig‘ish, oʻshalar bilan Ollohga xush keladurgon bir nimalar qilishga urinib yotish — kimga zarur edi?

Shu mahal bog‘ eshik ortida yog‘och koʻprik doʻpirlab, ot pishqirdi. Soʻng ot bog‘languncha vaqt kechib, eshik zulfini shiqirladi va:
— Hoy, poʻsht, biz kelyapmiz, — degancha kutgan odami hovliga kirib kela boshladi. Tuni bilan izg‘igan odamning bir qop yong‘oq kabi shaldur-shuldurligiyu vag‘irlab kelishi qiziq edi. Tavba, qachon mizg‘ib ulguradi bu odam, yo qush uyqusiga egardagisi ham yetarlimi — hech bilib boʻlmasdi.

Bolajonlikda vazirga taraf yoʻq. Mana, hozir ham u quchoqni keng ochib, choʻqqayganicha Kokiltoyni chaqirmoqqa tushgan edi:
— Qani, qani, toy bola, toychoq bola, kela qolsinla. Vaalaykum, vaalaykum. Katto yigit boʻling, mullo yigit boʻling, toʻylarizzi guli oʻzim boʻlay. Oʻrtalarni oʻzim qizitay. Qani, qani, bir achomlashup qoʻyyaylik. Kuraklarni silashup qoʻyaylik. Ha-a, ana shunday. Ana endi boʻynumni bir siqib tashlasinlar-chi, sindirib tashlasinlar-chi. Hay-hay-hay, zoʻrayub ketganakansiz-ku, bilmaganakanmiz-ku. Nafasni ichga tushirvordiz-ku. Balli, balli. Ie, qoʻlizdagi nima? Tuzoqni ipi? Voh, zoʻr-ku! Hali sa’va tutopsizmi? Vah-vah-vah, elakni zoʻrini topibsiz-ku. Har kuni oʻnta sa’va tutsa mumkin-ku, faqat choʻpni kaltaroq, ipni uzunroq qiling-da, toy bola. Don choʻqilab kirishi-la tortasiz, sa’va sizniki. Bildiz?

Uning bunday tillashishidan sa’va tugul, barcha qushlar kiradigan joyiga kirib ketib boʻlsa-da, tunqotarlar vaziri Kokiltoyni erkalashdan toʻxtamas, bu manziratlar yoʻliga, qochadiganlar qochib, yoʻlni ochib qoʻyishlari uchungina ekanini hamma tushunib turar, ilgari uchchiga chiqqan oʻg‘rining bu tarz yurishlariga hayron qolmay mumkin emas edi.

Shu asno u kaftiga yoʻtala-yoʻtala toyni ergashtirib, huzuriga salomga kelarkan, boyagidan sal pastroq tushib, ijikilar edi:
— Adangiz — hazratim qalaylar? Yaxshi yotib-turdilarmi? Biz janoblarini xutbaga solganlari yoʻqmi? Agar lozim boʻlib qolsa, gunohimizzi oʻziz soʻrab olasiz-da, a, toy bola?

Bu orada ular ayvon chetiga yetdilar. Va shunda birdan bolakaydan nos soʻramagani esiga tushib, iya, deya azza-bazza choʻnqaya boshladi:
— Gapga chalg‘ib, xumorbostidan soʻramabmiz-ku, — deb Kokiltoydan «nasibasini» qistay ketdi. — Qani, qani, qoʻlni qaytarmay, nosdan jindek uzatvoring-chi, salomdan oldin bir xapshirib tashlaylik-chi!

Kokiltoy qiqirlab kulib, qochdi. Bunga sari u oyog‘ini tapillatib, «Ushla-chi, ushla»lab ketidan yugurgan, tizzasiga shappalagan boʻldi, ketidan arazlabam qoʻydi:
— Voy-boʻ, yalinibam qolarsiz, xandalaklar chiqib qolsin...

Bu ham oʻtirgan joyida bolajon vazirining qiliqlaridan huzurlanib kuldi. Qani, oʻzining ham toʻrt muchasi sog‘ boʻlsa, undan qolishmay tegishgan, bir olam huzur olgan boʻlardi. U faqat yoniga chaqirib olib, shunda ham bag‘riga yarim-yorti tortib, boshiniyu kokilini silashga yaraydi qoʻli. Undan u yog‘ini Xudoyim koʻp koʻrgan: hamma qatori na tizzasiga ola biladi, na yelkasiga mindirib ot boʻla oladi. Oʻsha boshini silay olganiga ham shukr, silay olmasa, nima qilardi? Oʻksik farzand qoldirarmidi orqasida?
— Mumkinmi, oʻtag‘asi?.. — Eshikning bitta tavaqasi ochilib, vallomatning avval bir yelkasi, soʻng oʻzi koʻrindi. U davangirday odam eshikdan qiyamalab zoʻrg‘a kirdiyu kovshandozga tushiboq qoʻl qovushtirdi:
— Assalomu alaykum, xoʻjayin, kechiras, oʻtag‘asi.

Qoʻl qovushtirgani mayli, lekin kovshandoz- dan oʻtmayoq taqir gilamga tiz bukib, choʻkkalashi nimasi?
— Vaalaykum assalom va rohmatullohi va barokotuh, — dedi atay. Zora, qaerda oʻtirgani, qaysi tovkaga mansubligi yodiga tushsa.

Qori «barokotuh, barokotuh» deya qizil etigining kovushini yechdiyu enkayib kelib, uning qoʻlini oldi.
— Yaxshi yotib turdizmi, oʻtag‘asi? Bir qoshiq qonimizdan kechasiz bugun, hayallab qoldik.
— Ollohga shukr, tuproqdan tashqari, — dedi u, soʻng joy koʻrsatib qoʻshdi. — Oʻzlarida hech oʻzgarish yoʻq-ku, qorim?
— Qanday oʻzgarish, xoʻjayin? — dedi vallomat vazir roʻbaroʻsidagi koʻrpachaga surilib. Muddaoga tushunolmagan edi u.
— Oʻsha-oʻsha «oʻtag‘asi», oʻsha-oʻsha «xoʻjayin»...
— Ha-a, uzr, uzr, xoʻjayin, azbaroyi oʻrganish... Oʻrganish-da, oʻtag‘asi. — U qoʻlini koʻksiga qoʻyib, sal egildi.
— Axir, aytib edim-ku, johiliyatdagi odatlarni tashlaysiz, bu yog‘i tamom: boshqa hayot, boshqa tovka, deb...

U qisinib tasdiqladi:
— Aytgansiz, aytgansiz.
— Qolaversa, oʻrtada qasam bor... Qur’on bor, toʻg‘rimi?
— Boʻlganda-chi... Shunga binoan vazir etib saylanganmiz.— U qoʻl qovushtirib, bosh egdi.— Chizgan chizig‘ingiz bizga qonun. Faqat bugun bir qoshiq qondan kechasiz, xoʻjayin. Jindek erkalik qip qoʻydik.

Oʻtag‘asi sergak tortdi: koʻngli behuda g‘ashlanmagan ekan! Qoʻsha-qoʻsha yostiqlar orasidan qaddini sal koʻtarib, qaytarib soʻradi:
— Yana qanday erkalik?
— Tungi voqeani aytaman-da, oʻtag‘asi.
— Tushunmadim, hech qanday xabar...
— Ha, biratoʻla sitamgarni aniqlab kelmoqchi edik.
— Xoʻsh?
— Aniqlaguncha saxar boʻp ketdi. Oʻziyam, oʻtag‘asi, yetti uxlab tushga kirmaydigan narsa.
— Narsa nimasi? Yo kimni kim tunab ketibdimi?
— Qay boshidan aytishniyam bilmaysan kishi, — dedi tunqorovullar vaziri labini yig‘ishtirolmay.— Bunaqasini umrizda eshitmagansiz. Sazoning ham antiqasi chiqibdi!
— Jazomi, sazomi? — deb qaytarib soʻradi oʻtag‘asi. — Mahobatsiz aytavuring, qori.

Vazir yana yerga qarab kuldi.
— Mahobatsiz aytsam, qotirib ketibdi.
— Kim? Oti bormi oʻsha ilvirsning?! — Oʻtag‘asi yostiqni qoʻltig‘iga tortib, qaddini tiklagan boʻldi.

Vazir boyagindek labining chetida kuldi:
— Ilvirs boʻlsa, jon derdiz, qasoskorning antiqasi!
— Qasoskor?.. Shu oʻz dahamizdan-a? Kim?
— Kimdan burun kimni deng?!
— Xoʻsh, kimni?.. — dedi uning ra’yiga qarab.
— Gap shundaki, — deb vazir bir boshdan tushuntirishga oʻtdi, — yetti xuftonga yaqin Tepamasjid oldidan oʻtib borayapsak, ichkaridan uvlab yig‘lagandek bir ovoz kelyapti, bir ovoz kelyapti: odam boʻlib odam emas, boʻri boʻlib boʻri. Tavba, qanaqqib kirib qopti, endi chiqib ketolmay uvlayaptimikan, deb yaqin bor-sak — odam! Dildirabu, huvlab shu yig‘layaptiki, qoʻyaverasiz. Eshiklarni ochib, kirib borsak, koʻring tomoshani. Birov bir odamni quv yechintirib, g‘assol taxtaga tortib ketibdi! Tishlari takillab, shu qaltiraydiki, qoʻyaverasiz. Chiroqni yoqsak, kim deng?..
— Kim ekan?

Vazir yoyilib ishshaydi:
— Anuv moʻndi!
— Qaysi?
— Shu... oʻzimizning yangi boʻlgan maymoq-chi, anuv oting qurg‘ur-chi!
— Ana shunaqasiz-da, qorim. Birov oʻlaman desa, siz kulasiz.
— Yoʻq, ustod. Siz oʻzingiz koʻrganingizda edi. «Oʻl, bu kuningdan battar boʻl, qotiribdi» der ediz. Toza jazosini beribdi, shovvoz,— deb hovliqib-koʻpirdi vazir.
— Xoʻsh, kim ekan oʻsha battar boʻlgur?
— Kim boʻlardi, aytib turibman-ku, Akmal choʻloq deb.
— Ie, oʻshami? Akmal oʻris-a?

Vazir qoʻl siltadi:
— Oʻsha, ilgariyam chulchut edi, oyoqdan ajrabam odam boʻlgani yoʻq.
— Xoʻsh, shovvoz-chi? — dedi ustod yuzi tundlashib kelib. — Kim ekan?

Vazir bu yog‘ini yashirib oʻtirmadi:
— Shu... gumonimiz bittasidan-u, uchratolmay dog‘da qoldik.
— Oling-a, qorim. Koʻpirishingiz olamni buzadi, gumondan nari oʻtmabsiz-ku.
— Izidan yetib borgunimizcha shaharga survoribdi, qarang, — deb afsuslandi vazir. Ketidan koʻpirib ham qoʻydi: — Qarab turasiz, bu oʻsha askar bolaning ishi. Undan boʻlak emas!
— U kim, kimning himoyachisi?— «Biz taniymizmi», demoqchi boʻldi oʻtag‘asi jonsiz oyoqlarini uqalab.
— Taniysiz. Anuv yapon urushini ham kusar qilib kelgan yigit-chi! Samurayidan qoʻrqmagan, Akmal doʻkayidan hayiqadimi! — deb tushuntirgan boʻldi vazir, keyin qoʻshdi: — Esingizda boʻlsa, nikoh kuni Sultonmurod olib qochgan kelin bor edi-ku.

—Xoʻsh-xoʻsh?!
— Ana oʻshaning akasi. Hali ungayam koʻrsataman, deb yurganmish.

Oʻtag‘asi ichida «voh!», deb qoʻydi-yu, tashiga chiqarmadi:
— Sultonmurodning qarorgohini surishtirayotgan ham oʻsha chiqmasin?
— Hali shunday xabarlaram bormi, ustod?
— Bor-bor.
— Quda tomon surishtiryaptimi, desam, u ekanmi?— dedi vazir shaldur-shuldurligiga borib.
— Har ikkisi ham, — dedi ustod, — lekin biz sir bermasligimiz kerak. Yigitlar og‘izlariga mahkam boʻlishsin. Bir narsa boʻlsa, hamma oʻz chillaxonasiga kirib ketgay, tushundingiz-a?
— Tushundim.
— Endi tungi voqeaga kelsak, — dedi u sariq ipak nusxi ura boshlagan nozik qoʻlini xontaxta ustiga qoʻyib, — u nobakorning oʻzini bu kecha huzurimizga olib kelasiz. Soʻraydiganlarimiz bor.

Vazir biroz tushunmay hayratlandi:
— Sitamgar askarni aytasizmi, oʻtag‘asi?

U bosh chayqadi:
— Yoʻq, katta sitamgarni. Yolg‘izlik qilaman desangiz, askar bolani yoningizga oling.

Bu vazirning hamiyatiga tegib, sapchib tushdi:
— E, xoʻjayin, askarsizniyam dikonglatib kelishga qurbimiz yetadi.
— Shunday deng-da, boʻlmasa, — dedi ustod yengil kulimsirab.

Shu top eshik qitirlab, avval Kokiltoyning ukparu koʻzmunchoqlarga boy doʻppili boshi, soʻng oftobayu obdasta koʻtargan oʻzi koʻrindi. Ayoli ertalabki nonushtaga hozirlik koʻrib qoʻyganini bildirib, oʻg‘lini kiritmoqda edi.
— E, toy bola, kelsinlar-kelsinlar, hali qoʻl ham chayamizmi? Oh-oh-oh, suvdek serob boʻlsinlar, goʻshangalarga kuyov boʻlsinlar, — vallomat alqagan sari toy bola uyalib-qisinar, adajonisidan hayiqib, obdastani tashlab ketolmasdi.

Nihoyat, ustod ham qoʻllarini chayib, u oftobani olib chiqib ketdiyu dam oʻtmay patnis koʻtarib kira boshladi. Patnisda ikkita yopgan nonu kosada qaymoq, piyolada murabbo bor edi. Qiyagina ochiq eshik tirqishida yolg‘iz qoʻl koʻrinib, tekisroq joyga choynak, orqasidan kallakqand solingan taqsimcha qoʻyildi. Vallomat hovliqdi.
— Hov, kunimiz tug‘ibdi-ku, juda!
— Xabarga yarasha-da, qorim, — dedi ustod, u alqagan kezlari shunday atab qoʻyar, vallomat bu nomni yolg‘iz «Ixlos» surasini yod olib, undan u yog‘iga oʻtolmaganiga shama edi.
— Unda Akmal maymoq demaganlar har kuni g‘assolning taxtasiga tortilsin-a! — deb xandon tashlab kuldi u.

Soʻng ustod-shogird oling-oling ila bir chiroyli manziratlar bilan qaymoqxoʻrlikka kirishdilar. Oʻtag‘asi qaysiyu chopari qaysi — ajratish endi mushkul emasdi.

Sazoyi Jon (yana oʻsha muallifga ayon tarixlardan)

Ot tuyoqlari goh ildamlab, goh atak-chechakka tushib qolar edi. Ular qaerda ketishyapti ekan, goh tepaga chiqib, goh pastga tushib borayotganga oʻxshar edilar. Mana, hozir ham ot jonivor oldingi oyoqlarini bittalab avaylab bosib, pastlikka enar edi. Qaysi soylikka tushib borishyapti ekan? Unday desa, na Izzaning shovullashi, na chimzorlardagi chirildoqlarning joʻr ovozi eshitiladi. Ostilaridagi ot tekis yura ketib, orqada bir nima poʻp-poʻp tushib, tezak hidi anqib ketdi. Shunchalar sokin, zim-ziyo kecha edi.

Allaqaerda suv shaldiraydi: anhor shekilli. Necha tun qorovullaridan oʻtishdi. Oʻrda deganiga yetilgani yoʻq. Qayoqqa obketyapti bu valdirvos tushmagur. Oʻzi kimsanu, qoʻl-oyog‘ini kullaklab, koʻzigacha oʻrab-chirmab tashlagani qiziq. Kecha sharmanda boʻlishdan qutqargani nimasiyu bugun otga oʻngarib olib ketayotgani nimasi? Kechagisini muruvvat deylik, bugungisi-chi? U bir xilda — boshi bog‘liq, qoʻllari toʻlg‘anib borarkan, terga tusha boshlagan otning sag‘risidan anqiyotgan achimsiq hiddan koʻngli ag‘darilib-ag‘darilib kelar edi. Ustiga-ustak, boya ichgan musallasi ichida shoʻlqillab, boʻg‘ziga qaytib-qaytib kelmoqda. Qayoqdanam icha qolgan ekan. Alam bosti endi oʻzini olib borib, olib kelmoqda edi. Tashlasa qutularmidi. Oʻlganining kunidan vosvosga elanishga tushdi:
— Voy, hoy, inson, oʻngarib olib bormasang, oʻrniga oʻtmaydimi?
— Oʻtmaydi. Eshitmaganmisan, berahm buvaning nevarasi ekanimizzi? — deb kikillab kuldi vallomat. Kamiga otini qistadi. — Chu, jonivor, akamizaning koʻngillari ag‘darilayotgan emish.

Akmal choʻloq gardani qotib toʻng‘illadi:
— Birov oʻlaman, desa, bular kulaman, deydi, senam shoshmay tur...

Uning yanishi vallomatga xush yoqib, hiringladi:
— Oʻzi kimning changalida-yu, yanishingga oʻlaymi? Avval omon chiq.
— Chiqmaganda nima?! Osib yuborarmidilaring, ja?

Vazir chiqarilguvchi hukmni oʻzicha tasavvur etdi:
— Osishga osmasmiz-u, lekin osgandan battar qilsalar ham kerak.

Akmalning yodiga anuv Sultonmurod demaganlarning Parpi bebaxtga qilgan muomalasi tushib, ichiga titroq yugurdi:
— Nima, sizlaram?..
— Nima, bizlaram?.. — dedi otini etigining posh-nasi ila nuqib, qistashga tushgan vallomat.
— Parpi bebaxtga oʻxshatib... tuyaqopga tiqmoqchimisizlar?

Vallomat vazir uning g‘irt omiligidan kuldi. Omi boʻlmasa, kimning qoʻliga tushganini oʻylab boqmaydimi? Bu ham Sultonmurod qaytibdi, degan gaplarga paqqos ishonib yuribdi, shekilli.
— Muncha qaltiramasang, erkakmisan?! — dedi ensasi qotib. — Qoʻyni ham, echkini ham oʻz oyog‘idan osadilar — borsang koʻrasan.

Akmal choʻloq g‘udrandi:
— Nafasingni yel olsin. Sen sovuqqa kunim qolishini bilsam...

Iloji qancha, boshini koʻtarib koʻtarolmaydi, qoʻl-oyoqlar chirmab tashlangan, ustiga-ustak kullaklangan qoʻydek otga oʻngarib opti. Oʻg‘riniyam chapdasti ekan-e!

Vazir qamchisining uchi ila biqiniga nuqib qoʻydi:
— Kecha moydek yoquvdi shekilli, g‘assolning taxtasidan yechib olganim? Endi g‘udranib qoptila?!

Akmal choʻloq bu valdirvos bilan oʻchakishish befoydaligini anglab, ancha tushgan edi, ginalandi.
— Toʻg‘rilikcha borsak ham boʻlaverardi.

Vallomat «Voy, tavba-ey, anoyini koʻring», degandek kuldi:
— Oʻsha... boʻlmasdi-da.
— Nega? — dedi kullaklangan kimsa boshini oʻngarib qarashga unnalib.
— Qoidada yoʻq, — dedi otliq kalta qilib.
— Nima yoʻq?
— Bizning oʻrdaga har kim toʻg‘rilikcha kirib boravurmaydi.
— Ergashib hammi?
— Ergashtirib ham.
— Albatta, koʻzini bog‘lab, otga oʻngarish shart de-yilganmi?
— Shunday. Uni begona koʻz koʻrishi mumkinmas. Haydalamiz naq.
— Unda... oʻronsizam oʻtib boʻlmaskan-da?
— Oʻronsizlar tushini suvga aytsin. Hoʻv, xomtamalar-ey!
— Hech kim xomtamalik qilyapgani yoʻq. Soʻradim-da.
— Soʻramayam! Yaxshisi, uningni yut. Poʻstga yaqin-lashayapmiz. Ustingdan kulib yurishmasin, — vazir shunday dedi-da, koʻcha boshida hayxotdek boʻlib qaqqaygan qora darvoza tomon otni qistadi.

Ot doʻpir-doʻpir bilan allaqanday koʻprikdan oʻta boshladi. Shu barobar yoʻl chetidan kimdir tomoq qirdi:
— Toʻxta. Soʻroqsiz-istoqsiz qayoqqa borasan?
— Usmon? Oʻzingmisan? — dedi otliq ovoz berib.
— Usmon boʻlganimda senga nima? Oʻronni ayt. Salomni qoidali qil, — dedi ovoz bergan kimsa.
— «La havla vala quvvata»... Choʻchitvording-ku, juda. Sal evi bilan-da.
— Salom-chi? Qanaqa besalom qashqatayoqsan oʻzing?— deb turib birdan ovozidan tanib qolib boʻshashdi qorovul. — Ie, assalomu alaykum, vazir janoblari, oʻzlari shekilli, bir boshga bir oʻlim, deb yurgan?
— Vaalaykum salom tunqator1 janoblari. Uzr, uzr, oʻzlari poʻstda ekanlar, — deb tegishdi u.
— Ha, bu boʻlak gap. Qaysi esi kirarli-chiqarli yo kekkayib ketgan, debman. Oʻziz topshiriqni qotirib kelyapsiz shekilli?!
— Mendek topshiriqni qotirib yursang, jon-jon derding. Topding, oʻrinlatganimdan mastman.
— Oʻljangizam zoʻr shekilli, tilingiz bir qarich?
— Koʻrmayapsanmi, oʻngarig‘liq narsani? Koʻzingga hol tushganmi, nima balo?!
— Molmi, nima u? — dedi tunqorovul, — otizam boʻlari boʻpti, qora terga tushib?

Vazir qih-qihlab kuldi:
— Ado boʻpsan, odamni moldan ajratolmasang, Usmon! Har oʻngarilgan narsa mol boʻlaveribdimi?
— Mustahiqlardan deng?
— Och darvozangni. Keyin eshitib olaverasan.
— Keyin boʻlsa, keyin-da, aka. Bildik, omadlari chopgan ekan, — deb ulkan darvozani g‘iytillatib lang ocha boshladi tunqorovul.

Pishqirib, bosh silkib turgan ot ehtiyotkorlik bilan darvoza ostonasidan oshib oʻta boshlarkan, taqasi ostona temirigami — nimaga tegib, sharaqlagan ovoz tun sokinligiga qarab uchdi. Ot hurkib, bularni koʻtarib tashlashiga bir bahya qoldi. Akmal choʻloqning ichidagi boʻg‘ziga tiqilib, soʻkib bergisi keldi-yu, yana jahlini qult yutdi: Bir kami tunqorovulga kulgi boʻlishi qoluvdi.

Orqasidan darvoza og‘ir g‘ijirlab yopila boshladi.

«Qay koʻchaning boshi ekan bu yer? Yoki manavi valdirvos aytmoqchi, u bilmaydigan oʻrdaning darvozasimi?» Koʻzi bog‘loq Akmal choʻloq tasavvur qilishga urinardi. Koʻchaboshi darvozasi desa, bunaqasi yolg‘iz Abdulla tegirmonchining qoʻrg‘oni roʻparasidagina omon qolgan. Boshqalari har yoqqa koʻchirib ketilib boʻldi. Oʻzinikidagi ham oʻshalardan bittasi-da. Bu-chi, qaer boʻldi ekan? Koʻprikdan oʻtildiyu kirildi. Potsovniyga kiraverishdagimikan? Hali bular shu yerni oʻrda tutgan ekanlarmi? Akmal choʻloq bu joylarni tanib-taniy olmas, tasavvur etib — etolmasdi. Tushdagidek bir g‘alati joylardan oʻtib borar edilar. Sultonmurodning qarorgohidan ham oʻtib tushdi bularniki. Unisi — Boʻzsuv boʻyida, tepalarning bag‘rida deyishardi. Bularniki kimning tashqisida ekan, hech anglab boʻlmasdi.

Shu tob qay tarafdandir it hurib chiqib, ot hurkigancha oʻzini bir yonga tashladi. Choʻloq bir qop undek og‘aboshlab, jon holatda otning sag‘risiga yopishdi. Agar shu ketishda valdirvosning tizzasidan oshib ketganida bormi, kallasi bilan tushardi! Haytovur, soʻnggi daqiqada u orqa yoqasidan changallab, jilovni tortib qoldi. Soʻng otini erkalab, kulib qoʻydi:
— Sengamas-ku, jonivor, joning chiqmasa. Olapar manavi oʻljamizdan begonasirayapti, xolos.

Choʻloqning g‘ijini keldi: «Oʻlja, deydimi, toza chuv tushirgan ekan-da, bu! Anuv hazilkashlaringni topdik, deb». Ichidan qirindi oʻtdi. Bekorga qoʻl-oyog‘ini bog‘lab, kullaklamagan ekan-da?

Kimdir naridan itni chaqirdi:
— Olapar, yot. Vazir janoblarini tanimasang, qanaqa itsan! Eshakday haybating bilan tariqday farosating yoʻg‘-a, — deb kulib qoʻydi.

It burilib ketib, ot pishqirgancha soʻliq chaynadi.

Otliq haligi ovoz bergan kishini yordamga chaqirdi:
— Judayam yerga urvormang unizzi, Azlar. U mengamas, begonaga qilyapti itligini. Kela qoling.
— Shunaqami hali? Kechiradilar, olaparvoy, biz adashibmiz, — deb itiga gapirinib kela boshladi haligi odam. Keyin birgalashib «oʻlja»ni tushirib oldilar-da, tikka qildilar. Oyoq qurg‘ur (butuni ham) yog‘och boʻlib qolgan ekan, hadeganda jon kira qolmas, suyab turmasa, bir bog‘ joʻxoripoyadek og‘ib boraverar edi.
— Iya, kullaklab tashlabsan-ku, buni? Nima, shu holida opkirmoqchimisan? Jilla qursa, tizzasidagini yech, oʻz oyog‘ida kirsin hazratning oldiga, — dedi u toʻxtamay gapirinib. Bu orada valdirvos vazir otini qay bir daraxtga bog‘lab qaytdi.
— Yeching-u, lekin qoʻli bilan koʻzini boʻshata koʻrmang. Bu insof-pinsofni bilmaydigan xilidan. Hazir boʻlasiz, Azlar.

«Ol-a, juda opqochdi-ku, bu vosvos. Shoshmay tur, dog‘uli!» Akmal choʻloq tishini tishiga bosdi. Qariyaning oldida past ketib, tanilib qolishga or qildi. Oyog‘ini boʻshatganiga ham shukr: boʻlmasa, g‘oʻla nima, u nima edi!

Ismoil vazir valene’matiga xabar bergani ketdi shekilli, uni ham, qadam tovushi ham oʻchib, Azlar chol deganlari choʻnqayib, uning oyog‘idagi tizimchani yecharkan, xuddi oʻzi jabr koʻrganday, unga achinib, javranar, hatto oyoqlaridagi arqon izlarini siypab qoʻyar edi. Bunga sari uning koʻzlariga oʻz-oʻzidan yosh qalqib, oʻksi yumshab bormoqda edi.

Akmal choʻloq hayron qoldi: oʻksi shunchalar boʻsh ekanmi? Hammaga hayqirib, baqirib yurgan odam... chinakam bandiligini sezgach, (oʻsha vosvosning makriga uchib oʻtiribdi-ya! Shoshmay tursin hali!) qay bir qilmishi uchun soʻroq bergani olib kelinganiniyu bu kazzoblarning qoʻlidan osonliqcha qutulib chiqa olmasligini elas-elas anglab olayotgandek edi.

Azlar degani shopday naynov odam ekan, oʻrnidan turib, kutilmaganda yelkasiga qoqib, kuragini silay boshladiyu kutilmaganda qulog‘iga shipshib-shivirlashga tushdi. (Undan gurkirab kelayotgan tamakining achimsiq hidiga chidash amri mahol edi, shunaqa kashandasi ekan!).
— Ukam, bu qiyg‘irning changaliga qanday tushib oʻtiribsan? Boʻkib ichganmiding, nima balo? Otiga oʻngargunchayam bilmabsan? — soʻng yelkalarini ushlab koʻrib, tusmolladi. — Begonamas, oʻzimizning tarafni odamisan shekilli. Aytovur, Azlar tog‘angga, uy-puydagilarga yetkazib qoʻyadigan gap-paping boʻlsa. Qisinma.

Akmalni chinakam vahima bosdi: Qoʻliyu koʻzini yechtirmayotganidan ma’lum. Hali necha kun qamab qoʻyadilar, desang-chi.

Shu davada elanib paypaslandi. Qoʻli bog‘lig‘u Azlar tog‘aning tirsaklarini topib, tutmoq boʻlardi:
— Nima, avaxtaga tiqishadimi hali? — dedi yutoqib-hovliqib.
— Iya, Akmal, oʻzingmisan? — dedi tog‘a ovozini birov eshitib qoladi ham demay.

Bunga sari Akmal bog‘loq qoʻllari bilan buning yelkalarini silab, elanishga urindi:
— Jon tog‘a, ular meni nima qilishmoqchi? Nega opkelishdi?
— Bilganingda nima qila olarding. Yerga kirsang, boshingdan, osmonga uchsang, oyog‘ingdan tortib olishadi. Topshiriq shunaqa.

Akmalning ichini bir nima tig‘day tirnab, oʻtday kuydirib oʻtdi.
— Yoʻg‘-e? — dedi esi og‘ib.
— Xudo urib qoʻyibdi-ku, seni, jiyan. Esing qaerda edi? Gunohingni bilasanmi? — dedi boyagidek shipshib. Oʻzi ham bir qadam tisarilgan edi goʻyo undan hazar qilgandek.

Akmal choʻloq bir narsaning xunuk oqibatini sezgandek, yomon boʻlib ketdi:
— Oʻlimdan xabarim bor, unday ishdan... xabarsizman. Nima oʻzi?
— Opkirishganda eshitasan endi, jiyan. Biz kichkina odammiz bu yerda. Keldingmi, oʻzingni erkakday tut. Yetti qolib, bir tug‘ishganimiz boʻlganingda ham yordam qilolmaymiz. Seni soʻroqqa opkelishdimi, Olloh hukmidan narisi boʻlmaydi. Undan koʻra, odamga oʻxshab kir oldilariga.

Bu gaplar avvaliga Akmal choʻloqning qulog‘iga oʻqday quyilib, qoʻrg‘oshinday joylashib borayotgan boʻlsa-da, soʻnggi lahzada bir junjiktiruvchi titroq yugurdi-da, butun vujudi qizib keldi. Shu barobar ich-ichidan allaqanday tahlikali qirindi oʻtib, xushi uchdi. Kallasiga bir ma’noli fikr kela qolmasdi.
— Kimlar deysiz?— dedi uni anglab-anglamay.— Anuv oʻg‘riboshilarizning oʻzimasmi?

Azlar tog‘a javob oʻrniga biqiniga bir nuqib, qulog‘iga shipshidi.
— Esingni yig‘. Qanaqa oʻg‘riboshi? Odamning tillasi-ku! Oʻzing xarom tukiga arzirmikansan?! Zamondan orqada qopsan. — Keyin qoʻshimchasiga yuz burib, toʻng‘illab qoʻydi. — Ot mindim, deb karillab yuraveribsan-da.
— Nima qilmoqchilar?
— Albatta, kuyov qilib, toʻn yopmaydilar ustingga. Qolaversa, Qurbon hojim bilan qori domlani chaqirtirib qoʻyibdi. Shungayam shukr qil, yolg‘iz oʻzi hukm chiqarvorsa, dodingni kimga aytarding?
— Yoʻg‘-e...
— Yoʻg‘amas, juda-da. Nima, sen Ismoilning tashrifini hazil fahmlovdingmi?
— Shoshmay tursin, u ilvirs, — dedi ichi yonib borayotganini yashirolmay.

Azlar tog‘a nimadir nasha qilib, (albatta, uning holiga-da!) yeng ichida hiringlab kuldi:
— Hali koʻp yanib yurasan. Xoʻb gel qilib, otiga oʻngarib kepti. Ustasi farang ekanini bilmasmiding?
— Nimasi farang?— dedi Akmal choʻloq tushunolmay.
— Akang qarag‘ayni-da. U kimning shogirdi ekan?— Tog‘a yigitlardek qiqirlab kuldi. — Eplab kelmasinam-chi edi, naq oʻzim borardim. — U shunday deya qorong‘ida vallomatlarcha yelkasiga qoqib qoʻydi. — Qoʻrqma juda, Xudoning yozganidan ortiq nima boʻlardi! Yigit kishi gunoh qildimi, gunohini mardona tan olib, tavba qilsa — er sanaladi. Xohlasang, qoʻlingni boʻshatib qoʻyishim mumkin. Boʻshataymi?

Akmal choʻloqning ori keldi.
— Men sizdan buni soʻrayotganim yoʻq, — dedi toʻrsayib. — Lekin odamni... odamga oʻxshatib, koʻzini ochib qoʻyinglar-da.

Azlar tog‘a shuncha halim-yumshoqligiga qoidani buzolmasdi. Javobiga yelkasini silab qoʻyaqoldi:
— Sabr qil. Chaqiradigan vaqtlari ham boʻpqoldi. Salomxona ostonasiga yetishingdan yechadilar. Ularning huzuriga bunday opkirmaydilar hech.

Akmal choʻloq oʻzi ne holdayu g‘ijini keldi. Xonning oʻrdasimidiki, qoidali opkirmasalar. Oʻziga esa, achitib gapirdi:
— Nima, qarorgohingizni tanib qoladi, deb... yechmaysizlarmi?

Tog‘a boyagidek kiftiga qoqib, kuragini siladi.
— Bir sengamas, barchaga shunday. Doʻst kim, dushman kim — ajratib boʻlmaydigan zamonda shuyam ma’qul. Faqat sen oʻzingni bunday tutakoʻrma. Otdan tushsayam egardan tushmaydiganlarning hukmi og‘irroq boʻladi. Bilib qoʻy.
— Hukmi? — Akmal choʻloq shungacha ham bu tashrifini anglab yetmagan edi. Endi xushi uchdi. — Hali soʻd etishadimi?

Azlar tog‘a bamaylixotir orqa oʻgirib, tamaki oʻray boshladimi, nima qila boshladi, javobiga jim qoldi. Aftidan, javobidan ham burun buni chaqirib qolishlarini kutayotgandek edi. U yoqda Ismoil gum boʻlgancha ketib boryapti, na tiq etgan tovush, na bir narsaning tayyorgarligi eshitiladi u yoqdan. Koʻz oldida esa, qani milt etgan nur koʻrinsa, qaerdaligini ilg‘ab boʻlsa. Shunaqa sirib bog‘lab tashlagan ekan u nomard. Lekin nazarida oʻzini potsovniy1ning hovlisida, bog‘ ortiga oʻtaverishdagi anuv oq bino roʻbaroʻsida turgandek his etyaptiki, nega shunday, tushunmasdi. Bu yerga bir emas, bir necha bor kirgan. Faqat chindan oʻsha joy boʻlsa darvozadan kiraverishda tepadan:
— Toʻxta, qayoqqa borasan! Qimirlasang, otilasan,—degan tovush kelguvchi edi. Soʻng oʻsha ochiq — baland minoraning temir zinasidan etigining nag‘ali taq-taq-taq etgancha miltiq ushlagan soldat tushib kelar edi. Nimaga tushmadi? Yo bular ularni ham oʻz yigitlariga almashtirib tashlaganmi? Tushunarsiz.

Shu payt kimdir taxta zinadan tapir-tupur tushib kela boshladi. Faqat uning etigi nag‘alsiz, ham oʻzi shoshganidan oyoq uchida tushib kelardi. Kamiga yoʻlakay ovoz berdi:
— Tog‘a, qaerdasiz? Boshlay qoling, mehmonni. Kutishyapti taqsirlar.
— Mana, hozir, tog‘ang aylansin. — Oʻzi esa bu yoqqa oʻgirilib hamsoyasi Akmal bandiga uning ustidan ming‘irlagan boʻldi. — Bular shunaqa: chekkani ham qoʻymaydi. — Soʻng uvol ketmasin, deb uni tuf-tuflab oʻchirishga tutindi-da, tamaki hidini gurkiratib kelib, tirsagidan yetakladi: — Yuraqoling, mehmon janoblari, sizni soʻroqlayotganmishlar.

Yechsa yechvora qolmaydimi bu dardisarini!

Uning bilagini bilagiga matab tashlagan tizimcha ensasini bir qotirsa, shu qoʻllari bilan koʻzidagi narsani olib tashlay olmayotgani battar alamini qistatar edi.

Chaqirsa — avval manavi matoxini olmaydimi koʻzidan, deb taysallayotgan ham ediki, haligi chaqirgan yigitning oʻzi kelib, bu tirsagidan tutdi.
— Boʻla qoling, ildam-ildam yura qolinglar, — deb shoshirdi.

Zinaga yetib-etmay norozilanib toʻxtadi:
— Iya, tog‘a, boyatdan beri nima qilayotuvdingiz? Yechib-netmabsiz-ku akamni. Taqsirlarning oldiga shu ahvolda... opkiramizmi?
— Mana, hozir-da, jiyanlari. Jazasi bitta tig‘-da, — deb engashdiyu etigi qoʻnjidan bir nima olib, uchini bilagi oʻrtasiga toʻg‘rilab edi, tig‘ning bir beti bilagiga tegib, Akmal demaganlar junjikib ketdi. Tig‘-tig‘-da, tok urgandek seskantirib yuborgandi.

Va shu tob u bir siltovdayoq tizimchani uzib tushib, boʻshaldi-qoldi.
— Shumi? — dedi Azlar tog‘a oʻzining chapdastligidan oʻzi faxrlanib. — Endi peshonasidaginimi?

Xuddi birov peshonasiga tig‘ olib borayotgandek... Akmal choʻloq demaganlar tisarilib ketdi.
— Hay, hay, esing joyidami? — Tog‘a qiqirlab kuldi: — Jon bordir bizdayam. Qolaversa, shariatimizda yoʻq bu ish. Tig‘ oʻqtalish. Qoʻrqma.

Shu tob bir qoʻliminan kallasi ortidagi bog‘ichni turtibmi-netib yuborib edi, sirilib yotgan bog‘ich boʻshalsa-ketsa!

Voh! Shu qorong‘u kechada ular haybatli bir ayvon tagida unga chiqib boriladigan keng taxta zina roʻba-roʻsida turishar, tepada — haligi ikki yoni ochiq keng ayvonning mehrobsimon tokchasida esa yolg‘iz sham yonib turar, uning sirli nuriyu tokcha devorlarining soya-sida ayvon shiftiyu toʻsinlariyu toqilari undanam sirli koʻrinar, bu yoqda zinadan chiqaverishda kovshandoz, kovshandozning qibla tomonida esa ikki tavaqali oʻymakorim eshik koʻzga tashlanar, u nimochiqqa oʻxshardi.

Akmal garangsib qolgan edi. Ichida hadeb:
— «Oʻrda deydi, qaysi boyning tashqisi... shekilli?», — derdi boyagi tasavvuridagi joyga hech oʻxshatolmay. Balki koʻzi yorug‘ga oʻrganolmay — adashayotgandir? Unday desa...
— Qadamizzi dadilroq tashlayvering, bu zina, — dedi oʻng tirsagidan tutgan navkar yigit. Akmal choʻloq ularni navkar deyishni ham, mulozim deyishni ham bilmasdi. Hammasi namat chakmon kiyib, yoʻg‘on qayish kamarmi, naganmi, yana bir balolar taqib olishibdi. Lekin boshlarida doʻppiyu ustidan shohi qiyiq tang‘ib olganlar. Kasbi boyoʻg‘lidek tunda izg‘ish-u, peshonalarini shohi qiyiq bilan tang‘iganlariga oʻlasizmi! Bu orada u qaerga kelib qolishganini fahmlab olguncha, zina tepasiga chiqib borishdi. Soʻng chapdagi haligi qoʻsh tavaqali eshik ochilib, unga yoʻl berishdi:
— Qani, kira qolsinlar, janoblari. Keldiz.

Ne-ne idoralarning eshigini oyog‘ining uchi bilan tepib kirib yurgan odam... shu eski gulchin eshik oldida tovsillab qolgan edi.

Uni nimaga bu yerga opkelishdi ekan? Opkelganda ham oyog‘ini yerga tekkizmay... avrab keltirishdi. Demak, bekorgamas. Bular Sultonmuroddan ham oʻtadilar shekilli? Yo uning oʻzi shoʻttamikan?

Jon shirin ekan, yuragi daf’atan oʻynab ketdi: goʻyo yuragi oʻrnida bir qush boru u jon qushi potirlab-potirlab, porillab-porillab xalqumiga kelar, shunda havo ham yetmay qola boshlar edi. Kallasiga esa bir-biridan xunuk xayollar yopirilib kelmoqda...

«Qaytgani... rost shekilli?.. Avvalgi gal Kattabog‘dan quvib solgan odam endi omon qoldirarmikan?! Hammasidanam anuv gapi qulog‘iga chalingan boʻlsami, oʻldim deyaver!»

Oyog‘ining ostidan yer qochgandek, koʻz oldi tinib ketdi. Haytovur, ikki yonida tirsagidan tutgan tunqorovullar bor, boʻlmasa, guppa qulab, yo jon achchig‘ida orqasiga urib ketib... qutularmi edi.

Qutulgani, bu soʻroqxonaga kirmay qoʻya qolgani avloroq edi. Lekin... biron narsa nasha qilganda Azlar tog‘aning oʻziga oʻzi gapirinadigan odati bor ekan:
— Kir, kiraver, Sultonmurod joningni olgur, muncha taysallading? Nomi-daragidan shuncha titraysan, oʻzini koʻrsang, nima qilarkansan?! — degani... xushini uchirgan edi.

Tog‘a irshayib, sherigiga tushuntirardi:
— Bu kishim shu holiga uning ojizasiga ishqibozlik qiptilar. Koʻnglizzi koʻchasiga qoʻtir jomashshov!..

Ana, xolos! Gap bu yoqda ekan-ku! Nimaga chaqirishibdi, deb oʻtiribdi!

Ostona oshdilar.

Keng, qoʻsh deraza, qoʻsh taxmonli, tokchalari baland-baland toqili uyning toʻrida dor, oʻrtasida esa quchoq yetmas toʻsinga osig‘liq fonar chiroq, chiroqning chor-atrofida esa koʻtarib qoʻyilgan oq bir nima — pashshaxona desa, pashshaxona emas, oʻtov desa, oʻtovmas, ishqilib, oq surp mato koʻzga chalinar, uning oʻrtasidan tushib kelgan fonar-chiroq takkinasida xontaxtaning uch yonini yolg‘iz-yolg‘iz egallagan sallali-sallasiz kishilar oʻtirishar, chiroq ularning soyalarini yerga qapishtirib, oʻzlarini nurga chulg‘ab tashlagan, bunga sari yuz-boshlari nurlidan nurli koʻrinar edi. Taqsirlar deyishganicha bor edi. Sallalariyu, mursaklariyu, savlat toʻkib oʻtirishlaridan kirgan odamni sir bosmay iloj yoʻq, faqat toʻrdagi jun chakmonga oʻralgan anuv qiltiriqqina xumbosh odam... (kim ekan) kaftdekkina yuzlaridan ajabtovur, sariq ipak rangidan ham sariqroq bir nur yog‘iladi. Uning oldida bu moʻysafidlar rangparroq, oddiyroq, desa boʻlar.

Uni koʻrib hammalari yalt etib qarashdi.

Koʻz-koʻzga tushib, Akmal choʻloq bu ikki sallalini aniq-taniq tanidi: din peshvolari-ku. Biri shu odamning ketida namoz oʻqidimmi, gunohga botib... deb masjidga ham chiqmay, kulbasida yolg‘iz toat-ibodat qilib yotadigan anuv mumsik Qurbon hojim boʻlsa, ikkinchisi — u ilmsiz deb ataguvchi imomning oʻzginasi edi. Oddiy kunda bir-birini koʻrolmaydigan ikki odam hozir roʻparama-roʻpara oʻtirib, unga hazar qilgandek qarab turishar edi.

Faqat unisi — jun chakmonlisi kim boʻldi? Xum boshimi, qoshimi — allaqaeri tanish-u, lekin jussasi, nega bunchalar kichik, yoʻqdek? Nima boʻlgan bu odamga? Yuzidan odam siyohi bor-u, jussasidan juda g‘alati... Qolaversa, anuv shiftga koʻtarib qoʻyilgan narsa nima?..

Azlar tog‘ami, kim, biqiniga sekin nuqidi.
— Qarz salomingni yeb qoʻyganmisan, nima balo?

U esa koʻzi ila boshqa odamni izlar, qilg‘iliqni qilib, uni avrab otiga oʻngarib kelgan valdirvosning oʻzi tugul, qorasi koʻrinmasdi. Yana qanday topshiriq olib, dab boʻlgan?
— Mana, taqsirim, opkelishdi... oyog‘ini yerga tekkizmay, — Oʻng yonidagi navkar yigit oʻtirganlardan kimgadir murojaat etib, zoʻr berib toʻnining yengidan tortar va shivirlardi: — Tiz buk, joningdan umiding boʻlsa...

Akmal choʻloq qaerga opkirilgani va qanday javob berarini toʻla anglab yetmagan edi, dovdiradi, shu dovdiragani koʻyi kovshandoz qirrasiga tiz buka boshladi. Ammo shu tob u kutgan odam toʻrdagi parda ortidan chiqib kelmayin ham... tokcha tagida chakmonga oʻralib, kamiga qoʻsha-qoʻsha bolishu yostiqlarga koʻmilgancha mushtdek boʻlib oʻtirgan (yarimta boʻlib yarimta emas, bola boʻlib bola) odam (balki qarib, bola tortib qolgandir?) ajab g‘imirladi:
— Qoʻy, Sa’dulla, rasmiyatchilikni. Bu yer tiz choʻkib, gunohlar soʻrab olinadigan joy emas. Buning uchun chaqirgan emasbiz.

Asta’firulloh! Ovozi tanishmi? Kim boʻlsa ekan? Lekin talaffuzimi — nimasi, muloyimdan muloyim, xuddi halim chollarniki kabi edi. Shularning katta-si — shu ekanmi? Shu, toʻridan goʻri yaqin odam-a? Unda nega hamma qolib, bu yarimta odam boshlamasiga gap qoʻshmoqda? U boʻlsa, Sultonmurodnimi — kimni kutmoqda edi. Balki keyin... kirib kelar?

Tanchaning ikki yonini egallagan manavi oq salla, koʻk doʻppili taqvodorlar-chi? Nimaga oʻtirishibdi? Kishi koʻzigami? Kimning yuzini qilib, fatvo berishlarini koshki hech kim bilmasa, g‘art og‘machi- lar — shular-ku.

Shu mahal, qiroati zoʻr-u, ammo oʻzi bidirlabroq gapiradigan, gapirganda har kim ham tushunavermaydigan arab bashara odam — Choʻlpon ota masjidining imomi tunqorovullarga bir narsalar deb valdiradi. Uning qoʻlu yuz harakatlaridan bir narsa uqmasa, soʻzidan anglash amri-mahol edi.

Ammo unga Azlar tog‘aning ixlosi zoʻr ekan, labiga qarab turib nima deyayotganini uqib oldi va:
— Hozir-da, taqsir. Bajo qilamiz-da, taqsir, — deb shunday kovshandoz labiga yalangqavat koʻrpacha yozib yubordi.

Choʻkdilar. Qurbon hojim fotiha qildi.
— Qani, omin, qadam yetdi, balo yetmasin,— yana kimgadir tekkizib qoʻshib qoʻydi, — hech bandani oʻzi adashtirmasin. Allohu akbar.

Yuzga fotiha tortdilar va tepadagi (boyaqish boʻ-lib boyaqish emas,) yarimta odamdan izn kutib qaradilar.

Boyagi siru salovat bosishlardan hiyla oʻziga kelib qolgan Akmal choʻloq uning yuziga tikilib turib, bu majruh odamning shu qadar xotirjamligidan hayron qoldi. U bular kirmasdan oldin qay holatda boʻlsa, hozir ham oʻshandek edi.
— Taqsirlar, biz sizni bu yerga chorlashimizdan murod, uzr, bemahalda bezovta etdik, bir bandai moʻ’minaning sha’niga aloqador gap oʻtgan. Gapki, uni oʻz nomi ila atasak, birovning pardai ismatdagi ayoliga nisbatan shul vaqtga qadar koʻz koʻrib, quloq eshitmagan bir tuhmat, ya’ni ul pokiza ayolga yetisholmaslik orqasida ojizaga malomat, malomatki, suyuqoyoqlikda ayblov sodir boʻlgan. Ojiza bul gap-soʻzlarga chidolmay, turgan goʻshasini tark etib, Yakkabog‘imizdan bosh olib chiqib ketgan. Biz surishtirib boshlab edik, poyoniga yetgunimizga qadar oʻzi bunday qilib ketibdi, sizlarni shuning hukmiga chorlatganmiz. Toki, Alloh nomidan, uning Kitobi ila ish koʻrarkanmiz — shariat soʻzi ustivor boʻlsin, deya sizlarni soʻratduk. Ana, bir ojizaga nisbatan malomat chohini kavlab, tuhmat olovini yoqqan kishi qarshingizda oʻtiribdi. Biz esa ul ojiza nomidan da’vogarmiz. Siz nima hukm qilgaysiz — jazosi oʻsha boʻlgay.

Tavba, ovozi oʻsha-oʻsha ediyu, yarimta boʻlib koʻrpachayu chakmonga singishib oʻtirishi g‘alati edi. Nahotki bu oʻsha — bir vaqtlargi oʻg‘riboshi boʻlsa? Akmal choʻloqning aqli lol, oʻzi karaxt edi. Hozir oʻsha jabrdiydaning og‘zidan tamomila boshqa soʻzlar chiqmoqda, soʻksa-netsa, pastkashdan olib, pastkashga solsa, chapanichasiga haqoratlar yog‘dirsa, chidasa mumkin edi, ammo mana bu bosiq-xotirjam soʻzlariga chidab boʻlmas edi. Nima rost — shu rost. Salomxon kennoynikida paydo boʻlgan anavi kelinchakka iqi tushgani, suykalib borgani, jiyanining qavatiga tortib, unga yetishmoq pa-yida yurganlari, kechasilari uyqusi qochib ketib, oʻsha xonadon atrofida girdikapalak boʻlganlari — barcha-barchasi rost. Ammo u Sultonmurodga tegishli ekanini bilgan boʻlsa oʻlsin agar. Bilganida, kech boʻlgan edi. Boʻyida boʻpqopti, degan gap chiqib ketib boʻlgan edi.

Qurbon hoji qon talashgandek oʻng betidagi norini qashlab, tomoq qirdi (u g‘ayri tabiiy, qora soqol ostidan ajabtovur koʻrinar edi).
— Kimning ojizasi, dedingiz?

Da’vogar dabdurustdan aytolmay, aylantirib aytdi:
— Taniysiz, taqsirim. Tepaning pastida turishadi. Hakimbek amakining nokzori qarshisida. Yangi qoʻshnilar.

Hoji roʻparasidagi imomga qaradi:
— Kim? Saynab domlamdan oʻtgandami?
— Bor-bor, oʻtganda yangi xonadonlar bor. Xudoyiga borganimiz bor. Nusrat xoʻjakalarga qarashli, — dedi qotma imom qayta qoʻndoqdek choʻkkalab.
— Oʻshalarga tegishli kelin, — dedi oʻzini da’vogar sanayotgan yarimta odam — bularning valene’mati.

Qurbon hoji — yuzini soqol bosgan (oʻzi ham naq koʻksiga tushar), ustiga-ustak suyagi yoʻg‘on basavlat odam emasmi, chordana qurib, hurpayib oʻtirar, oʻsib, yelkasiga tushgan sochlaridan ham burun chaqchaygan ukki koʻzlaridan qoʻrqqulik edi. Akmal choʻloq tojik domla deb nom chiqargan bu xonanishin odamni ayni tush qizig‘ida bir-ikki Izza yoʻlida tuyqus uchratib, otiyu oʻzi bir xurkkanicha bor. Uzun oq koʻylagu ishtonini xalviratib, bir devday odam kelaversa, es-pesi chiqib ketibdi. Oti ham tisarilib, kishnab yuborib edi. Bu esa, uning betiga qarab ham qoʻymay oʻtib ketaverdi. Shu-shu nomini eshitsa, etiga titroq kiradi. Kelib-kelib ishi shunga tushibdi. Yana bunday ahvolda!..

Sochli domla tomoq qirdi. Ovozi ham allaqanday guldiragan, qiroatluv edi:
— El-yurt buning kimligini biladi-ku, hukm chikora?! — dedi u.
— Chikora-chikora, — deb tasdiqladi bidirlagan imom ham.

Bir burda odam xumday boshini toʻlg‘adi:
— Azizlar, azizlar. Uni biz ham bilamiz. Biz sizdan shariat hukmini soʻrayotirmiz. Toki gunohiga yarasha odil jazosini olsin va biz ham ertaga tongla mahsharda Tangri taolo huzurida zulmkor suvratida turib qolmaylik. Maymun1 qiyofasida tirilmaylik. Usiz ham gunohlarimiz koʻp.
— Hukm, — dedi oʻsha-oʻsha besoʻnaqay kaftiga yoʻtalib, tomoq qirib,sochli domla, — shariat hukmi ma’lum bu toifaga. Ayniqsa, birovning pardai ismatdagi qizi yoxud ayoliga tuhmat etgan kishiga sakson darra urilgay, kam ham emas, koʻp ham.
— Shunday, shunday. Shariat buyurgani shu. Taqsirim, adashmadilar, — deb bidirladi imom va Qur’ondan oyat oʻqidi.
— Demak, bu kishimga ham?.. — dedi qaddini zoʻr-bazoʻr koʻtarib yarimta odam. U birovning yordamisiz oʻrnidan turolmasa ham kerak edi. Harqalay, shunday taassurot qoldirardi. Ammo uning hukm yuritishi, quvvayi hofizasi hayron qolarli tiniq ham aniq edi, tavba.

Sochli domlaning yelkasi bilan bitta sochlari toʻl-g‘andi:
— Bu shariatning oʻzgarmas hukmi. Qiyomatga dovur ketadigan. Ammo u kuchga kirmog‘i uchun da’vogar kerak, jabrlanuvchini eshitmoq lozim. Usiz hukm — hukm emas, — dedi u kesib-kesib.

Akmal choʻloqqa jon bitib, iqi suyib, domlaga koʻz tashladi: ajabki, uning yuzi nurligina, oʻzi binoyidek odam edi. Xayolidan kechdi: boshiga qilich kelsa-da, toʻg‘risini soʻzlaguvchi emish.

Yarimta odamning ayollarnikidek nozik ham oq qoʻli xontaxta ustida koʻrindi.
— Oʻzizga ma’lum sabablarga koʻra, jabrlanuvchi Yakkabog‘dan bosh olib chiqib ketib ulguribdi. Lekin biz bir marta surishtirgan joyimiz bor. Shu bois da’vogarlikni zimmamizga olib turibmiz. Qolaversa, Salompa borlar. biz u kishini bilamiz-ishonamiz va ular tarafdan da’vogar boʻlib turibmiz.

Yelkani qoplagan soch, norozi toʻlg‘andi:
— Biz eshitmaduk. Eshitmagan odam bir nima demog‘i qiyin.
— Shunday-shunday. Biz borimizda chaqirmog‘ingiz lozim edi, — dedi imom ham.
— Bemahalda ayol kishini chaqirib keltirish — oʻng‘aysiz. Tushunarsizlar, deb oʻylayman,— dedi toʻr-dagi odam.— Oʻzidan soʻrasangiz, inkor etolsa — etsin.

Shu barobar birov uning biqiniga nuqidi. Qarasa, Azlar tog‘a. Kamiga qulog‘iga shipshir edi:
— Odamni uyat-malomatlarga qoldirmay gapir. Seni deb... boʻlgani rostmi shu gaplar?
— Zoʻrlamang, tog‘a. Belda belbog‘i boʻlsa, aytadi rostini, qistamasangiz ham, — dedi kutilmaganda bularning valene’mati, oʻsha sharti ketib, parti qolgan odam. Yana uning xontaxlit soʻroqlariga oʻlasanmi!..
— Oʻz og‘zi bilan aytsin, gunohini boʻyniga olib,— bidirladi imom buning betiga qarashni ham oʻziga or bilib. Ana, pokdomonlik! Hammalari alag‘da — u nima derkin deb. Yolg‘iz sochli domla hurpayib oʻtiribdi. Hamon oʻz fikrida sobit. Hatto koʻz qirini ham tashlab qoʻymaydi. Unga osmondan tushgan anuv kitobning aytgani muhim, oʻsha — qonun. Soʻzi soʻziga, sharti shartiga toʻg‘ri kelishi kerak. Likillamaydi mana bunisiga oʻxshab. Oʻldirsa ham shunday bir soʻzlilar oʻl-dirgani...

Akmal choʻloqni birdan vahm bosdi. Gunohi aniq, suykalib borgani rost. Lekin bunchalik og‘ir gunohga bosh suqayotgani tushiga ham kirmagan boʻlsa-chi, jazolayveradilarmi? Bilib turib qilgan bilan, bilmay qilganning farqi bordir, axir? Bular bilmasa, Xudo bor-ku, biladi-ku. Oʻzi asrar manavi johil, muta-assib bandalaridan?
— Nima qilib qoʻyganini oʻzi bilmaydi shekil, bu Xudo bexabar, — dedi imom koʻk doʻppisini boshida aylantirib qoʻyib va ham bilag‘onlik qilib.
— Nega bilmaydi, baloni biladi bu enag‘ar, — deb soʻz qoʻshdi Azlar tog‘a irshayib: uning doʻst-dushmanligini ajratib boʻlmay qolgan edi.
— Bilsa, allaqachon yer oʻpib, kechirim soʻrashi keragiydi-ku, — dedi imom.

Sochli domla imomga oʻtli nigohini tashlab, norozilik bildirdi:
— Bizga uning tavbasi nega kerak? Tavbani Allohga qiladi. Kechirguvchi ham Oʻzi, jazo berguvchi ham Oʻzi. Biz kim boʻpmiz?! — dedi ovozi guldirab.

Akmal choʻloqning nazarida allaqayoqdan kun chiqib kelayotgandek, hozir unga javob bergizib yuborishadigandek edi: zoʻr ekan-ku, bu sochli domla deganlari! Qolaversa, nega hamma unga yopishib qoldi? Kecha unisi, bugun bular? Agar hammalari adolat taraf boʻlsalar nega undan soʻramayaptilar? Kecha seni kim hafa qildi, g‘assolni taxtasiga tortib ketdi deb? Qozilik shularga qolgan boʻlsa, nega u nobakorni topib keltirmaydilar? Mana bu yerda tikka qilmaydilar?

Shu asno baland kelmoqchi boʻldi:
— Olamni buzgan karnaychiyu baloga qolgan surnaychimi? Menga kechagisi ham yetib ortadi, — dedi toʻrsayib, kamiga qoʻshdi, — sen boyaqishni kim oʻsha alpozga soldi, demayapsizlar-ku. Qozi boʻlsanglar, baravar odil boʻlinglar-da.
— Nima gap, darvoqe? Nega biz bexabarmiz? — deb sheriklariga alangladi sochli domla.

Kulishni ham, kulmasini ham bilmay, kechagi voqeani tushuntirgan boʻlishdi.
— Qotirib ketibdi-ku, azamat. Hech kimning tushiga kirmaydigan tarzda. E, jiyan, oʻlganlarimiz yaxshi bu kunimizdan, — deb chistonga olib, yarasiga tuz sepdi Azlar tog‘a.
— U shovvozniyam chaqirtirmabsizlar-da shu yerga. Toza boʻlardi hangoma! — deb kuldi navkar yigit, oʻsha Sa’dulla deganlari.
— Kerak boʻlsa chaqirtiramiz ham, — dedi bularning valene’mati, — ammo bu kishining foydalariga boʻlmaydimi, deb qoʻrqaman. Qolaversa, shunaqa bejo harakatlarizzi evaziga olgansiz sazoyu jazoni.
— Men e’tiroz bildiraman, — dedi kutilmaganida Akmal choʻloq «somon parchasi»ga yopishib, — sizkim, adolatli qozi boʻlsangiz, ayting: kishi gunohiga necha qayta jazolanmog‘i mumkin? Shariatda bormi shu?
— Yoʻq, — dedi sochli domla turqini buzmay, — bir jinoyat yolg‘iz jazoni taqozo etadi, ortig‘i ortiq.
— Menga ham kechagisi bir umrga yetadi, — dedi Akmal choʻloq. U nazarida adolat tarozusini oʻz tarafiga og‘dirolgandek edi.

Uy ichida birdan g‘ovur qoʻpib, kim hayratini, kim nafratini yashirolmay qoldi. Shu asno valene’mat atalmish haligi odam xontaxtaga shappalab:
— Shoshmang, taqsirlar, — dedi va shu bir og‘iz soʻzi ila hammani tinchlantira oldi. — Bizning bu kishiga savolimiz bor: marhamat etib aytsinlar. Yo behuda chaqirilgan, deb oʻylayotirlarmi?

Akmal choʻloq noiloj qoldi:
— Yoʻq.

U yana ajab bir bamaylixotirlik bilan davom etdi:
— Demak, oʻzingizni oq-oppoq deb ham bilmagaysiz?
— Yoʻq.
— Yaxshi. Endi bizga ayting-chi, — dedi u yana, — oʻz qizingiz yo jufti halolingizni oʻsha mushfiqaning oʻrniga qoʻyib koʻrganmisiz hech?

U boʻlak javob topa olmadi:
— Yoʻq.
— Uning otasi yoxud jufti haloli oʻrniga-chi? — dedi u.

Akmal choʻloqning boshi tag‘in-da, tushib ketdi.
— Xoʻp, mayli, adashibsiz,— dedi u oʻsha-oʻsha sokin xotirjamlik ila,— bilmay, gunoh koʻchasiga kiribsiz. Lekin shular uchun bir kun kelib soʻralishingizni, Bosh qoziga roʻbaroʻ boʻlishingizni bilmaysizmi?
— Kimga?! — dedi Akmal choʻloq tushunolmay.

Yarimta odamning yupqa labiyu oftob koʻrmagan yuzida achinish alomatlari zohir boʻldi:
— Demak... demak, Bosh qozi mavjudligidan tamom bexabarsiz?
— U kim, qaerda?

Choʻkkalab olgan imomning ham yuzlari allaqanday qorayib ketgan, sochli domlaning esa boshlari tushib ketgan edi. Oʻrtaga choʻkkan sovuq jimlikni oʻsha yarimta odamning oʻzi buzdi:
— Taqsirlar, kechirasizlar, bu javobdan keyin mening yig‘lagisim keladir. Oʻzini hoynahoy musulmon sanab yurgan bir odam erta birisi kun oʻlarini, shu oʻlgancha nomai a’moli berkilib, qiyomatda tirilarini, Mahshargohda esa hamma qatori Bosh qoziga roʻbaroʻ boʻlarini unutgan. Barcha qilmishlari uchun javob beradigan kun borligini hech kim esiga solmagan. Biz qanday qilib uni hukm eta olamiz? Uni Ollohning oʻziga havola etmakdan boʻlak qanday choramiz bor?
— Bor, — dedi kutilmaganda ovozi guldirab sochli domla, — Ollohning Kitobi ila hukm etamiz. Pokiza bir moʻ’minaga tuhmat qilgani uchun sakson darra urmoq joiz. Ana shunda Ollohni taniydi, — dedi u.
— Shariat ustivorligi uchun ham joiz, — deb bidirladi imom.
— Isboti-chi? — deb yubordi jon achchig‘ida Akmal choʻloq turib ketgudek boʻlib. Nazarida, hoziroq opchiqib, darra ostiga yotqizishadigandek edi.
— Yuzlashtirilur, — dedi imom.
— Topib kelsinlar, oʻsha da’vogarni, — deb yul-qindi Akmal choʻloq. U endi esini ham yoʻqotayozgan edi.
— Yaxshi, — dedi kutilmaganda toʻrdagi haligi chakmonga oʻralib, yostiqlarga koʻmilib oʻtirgan bedavo kimsa, kaftini xontaxtadan tushirib. Tizzasiga oldimi desa, tizzasi chakmon barlari ostida bilinib-bilinmas edi. Shunaqa kichkina tortib ketibdi, — Tan olmasa, olmay tursin. Hech kim zoʻrlab tan oldirmoqchi emas. Lekin gunohini, hukmini bildirib qoʻymoqdamiz. Toʻg‘ri yursa — yurdi, boʻlmasa, qaltis qadam bosgan kuni oyog‘ini yerga tekkizmay bir karra tutib keltirmog‘imiz va shu kungi hukmni ijro etmog‘imiz ta-yin. Qolaversa, ul ojizaning xasmi, pushti panohi Sultonmurod qaytmoqda degan gaplar bor. Jazoni oʻziga qoldiramiz.

Akmal choʻloqning boshidan olov chiqib ketdi.
— Sulton? Qachon, qaerdan? — deb yubordi oʻzi bilmagan holda.

U tiz choʻkib oʻtirgan joyidan sapchib ketganmidi, boshqami, vujudini bir yomon, toʻxtatib boʻlmas titroq bosib kelmoqda edi.

Unga hech kim javob bermadi.

Moshaalloh!

— Shoshmang, shu yerda toʻxtang, Saida,— dedim sab-rim chidamay. Men bir narsalarni anglagandek, oʻsha Adolatpeshaniyu uning Bonusini tanigandek edim; bu anuv koʻhlik juvon — erining gunohini soʻrab kelgan poshsha kelin emasmi axir? Va shosha-pisha oʻrnimdan tura boshladim:
— Oyim yotib qolmadilarmikan?
— Voy, adasi, allamahal boʻlib ketdi-ku. — dedi xotinim
— Shuncha voqealar oʻtib, oyim bilmaydilarmi! Bilishlari kerak. Soʻrab borgan u juvonni ham, erini ham! — deb uydan chiqaverdim.

Chiqsam... oyimning uylarida chiroqlari yonuq. Ba’zan shunaqa yarim kechalarda turib koʻzoynakni qiyshiqroq taqqancha, otinoyilaridan qolgan Qur’onni hij oʻtirguvchi edilar. Hozir ham... borib qarasam, oʻsha kitobga chippa yopishib oʻtiribdilar. Men esam, eshikni ocharimni ham, qaytib ketarimni ham bilmasdim. Ochay desam, chalg‘itishdan xijolatdaman, ochmay desam, ichim g‘urmishlab yotibdi. Nahot oʻsha yarimta odam oʻzi qolib — birovlarning tashvishi bilan yashay olsa? Buning ustiga Sultonmurod akamning nomidan ish koʻrayotgan boʻlsa?! Muddaosi nima? Jilla qursa, oyim bilsalar kerak bu tarixlarni?

Nogoh qayrilaturib, oyog‘im ostonadagi jomga tegib ketdi. U esa daranglab zinaga, undan hovliga tushib, dumalab ketdiyu bir yerga yetganda oʻnglanib, lapanglay-lapanglay tindi. Tingani ham bor boʻlsin, shovqini yetti mahallani tutgan edi.

Ichkaridan oyimning ovozlari chiqdi:
— Kim, kelinposhsha?
— Men, oyi, — deb ovoz berib kirib bordim. — Yotganiz yoʻqmidi?
— Kel, tinchlikmi? — deb u kishi koʻzoynaklarini olib, kitob betini yopdilar.

Men koʻrpacha ustiga tiz bukdim.
— Esingizdami, oyi, Sultonmurod qaytibdi, falonchini unday qipti, pistonchini bunday qipti, degan gaplar chiqqan-u, ammo oʻzi qorasini ham koʻrsatmab edi? — dedim.

Oyim kitobni jildiga sola turib, ilkis qaradilar, qoʻllari jild ichida qotdi:
— Nima, chindan oʻzi ekanmi?
— Qayoqda! Tamomi boshqa birov, aytsam ishonmaysiz, — dedim hamon hayratimni ichimga sig‘dirolmay.
— Qoʻy-e, shunga ishonib oʻtiribsanmi? Kim yurak yutib u ishlarga bosh qoʻsharkan, — deya oʻtirgan joylaridan uzalib, jildni tokchaga qoʻydilar.
— Esingizdami, bir koʻhlik juvon erining gunohini soʻrab kelib edi, eski uyimizda?
— Qachon? — Oyim xotirlay olmay, yuzimga tikildilar.
— Akam shu yerdaligida. Bahriddin oshnasining qotillarini topib, jazosini berib yurgan kezlari.
— Parpini aytasanmi? Uning xotinidan boʻlak kim kepti?
— Oʻsha-oʻsha, otning qashqasiday tanish oʻg‘ri. Topdiz, oyi.
— Yoʻg‘-e, yarimta holiga-ya? Akang uni qay holga solib, Bahriddinning janozasiga olib borganini koʻrmaganmisan?
— Koʻrganman, — dedim men.
— Qaytib, qanday odam boʻpqopti? Asta’firullohil azim, qayoqdagi gapni gapirasan? — Oyim koʻksilariga tuf-tuflab qoʻydilar.
— Shuni ayting, hamma Sultonmurod qaytibdi, deb oʻtirsa, u ekan...
— Sen qaydan bila qolding? Uyga kirib oʻtirib qolgan, deb eshitardik-ku uni.
— Yana nima deb eshitar edingiz, oyi? Qaerda turishardi? — Men sandalga koʻksimni berib, qistay boshladim. Keyin kirib kelgan Saida ham bu gaplardan esi og‘ibroq bir chekkaga choʻkdi.
— Qaerda boʻlardi, oʻsha tepaning ortidagi koʻcha ichida-da. Oʻrikzorga yetmasdan edimikan. Lekin birov oʻshandan beri ostona hatlab, koʻchaga chiqqanini koʻrgan emas, bolam. Hatto mushtipar onasi qazo qilganda ham bel bog‘lab turolmagan, holi ma’lum-ku. Faqat eshik-derazalariga parda tortig‘liq bir chillaxonaga oʻxshagan uyda kitob koʻrib oʻtiradi emush.
— Qanaqa kitob, balki Qur’ondir? — dedim tusmollarim toʻg‘ri chiqayotganidan hovliqib.
— Balkim. Shayxim qori aka kelib, ibodatga tushirib ketipti, savobga qopti, degan gapni ham eshitganmiz. Qiyin-qiyin — oʻsha koʻhlik xotiniga qiyin boʻlgan. Ayol boshi bilan oʻsha yarimta erni shuncha yil oq yuvib-oq tarab kelyapti.
— Keyin-chi, oyi, keyin nima boʻlgan?
— Nima keyin?
— Zilziladan keyin-da, qayoqqa koʻchishgan?
— Qurbaqaobodga boʻlsa kerak, — oyim yaxshi eslay olmay yuzlarini siypab qoʻydilar, keyin xotirlab qolib, tushuntirdilar, — Ha, darvoqe, koʻchishga qudrati yetmay doʻmga chiqqanakan, eski oshnalari eshitib, uchastkasini bitirib berishganmush. Koʻchganmi-koʻchmaganmi, bilolmadim.
— Koʻchgan boʻlsa, qaerda boʻladiyu, koʻchmagan boʻlsa qaerda, oyi? — dedim ichim yorishib kelib. Men uning izini topgandek, topayotgandek edim.
— Bilmadim, bolam. Oʻtirib qolgan odam ertasini oʻylasa, uchastkaga ketsa kerak. Doʻm yoqib qolmagandur. Sen yaxshisi pochchadan soʻra, bilishlari kerak. Hammalari oʻsha tomonga koʻchishdi-ku.
— Yaxshi aytdiz, surishtirib koʻraman, — dedim-u, boshqa yangilikni — oʻsha yarimta odam Mahfuz kennoyimni chaqirtirib, ba’zi narsalarni surishtirganiyu akamning ayolini oʻz himoyasiga olmoqchi boʻlganlarini aytolmay turibman. Yo oʻzlari bilarmikanlar?

Tepamizdagi chiroq hamma yotib boʻlgan bir kechada yana ham yorug‘ tortib, oppoq nurini ayamay sochar, jimjit kechada nur oʻlchagichmi, nimadir shig‘illab aylanar edi. Tashqarida esa, uyqu bilmas koʻklam shamoli huvillab, boʻg‘otlarga urilar, hovlidagi yalang‘och shotutlaru gilos tuplarini chayqatib, oʻpib oʻtar edi.
— U kishi bir sira bizga-da hamiyat qilmoqchi boʻlgan ekan, Mahfuz kennoyim shu yerdaligida, eshitganmisiz?

Oyim bosh toʻlg‘adilar:
— Xabarim yoʻq. Lekin anuv baloginaga yoʻliqqur Akmal choʻloq tirg‘alib yurgan kezlari shunga oʻxshash bir voqealar boʻlganmidikan?
— Eslang, oyi, eslang, oʻsha qanday voqea edi? — dedim qistab.
— Kimdirmi, kimlardirmi juvonnimargning oʻzini Tepamasjidning tovutxonasiga qamab ketgandi. Men akangni yigitlarimi, deb oʻtirardim. Shuncha voqealar oʻtib bizga miq etib qoʻymagan kennoying oʻsha kezda... shaharga tushib chiqaman, deb yoʻq boʻlib qolib edi-da, bolam.

Oyim shu gaplarni aytayaptilar-u, men ichim toshib oʻtirgancha goh Saidaga im qoqib, goh aytavuraymi, deb shivirlayman. U boʻlsa, bir menga, bir oyimlarga qarab, yelka qisadi.

Axiyri oʻzlari sezib qoldilar:
— Ha, Maqsudxoʻjam, nima gap? Nimani aytolmay turibsizlar?
— Rost, aytolmay oʻtiribman, — dedim yorilib, — suyunchi bering, oʻsha keliniz topildi!
— Moshaalloh! Qaerda ekan? — dedilar oyim bir yerga yetib. — Otasining yurtiga oʻtib ketgan ekanmi?
— Yoʻq, oyi, shu yerda, qoʻl uzatsa yetgudek joyda ekan! Ishonasizmi?
— Qanday? Kimni qora tortib borib qolibdi?
— Akamning hov bir oshnasi boʻlardi, pochchanikida turganda topishgan, Chaman degan...
— Anavinda senga xat tashlab ketganmi?
— Ha, oʻsha. Oʻshanikiga borib, turib qolgan ekan.
— Uni qaydan bilibdi? Qanday topib boribdi?
— Bilmasam, — dedim hammasini aytib, yuraklarini yorib yuborgim kelmay, — Qolaversa, anuv kungi bolakay — shirintoy uning oʻg‘li edi.
— Voy, oʻlmasam! — dedilar oyim yuzlarini kaftlari orasiga olib. — Oʻg‘li deysanmi?
— Ha, oyi, ularnikida boloxonada turishadi ekan.
— Akang Sultonmurod... biladimi shularni?
— Bilmadim, oyi, bilmadim, — dedim u xoʻrlikmi, nima, menga ham yuqa boshlab.
— Oshnasi-chi? — dedilar anchadan keyin oʻzlarini hiyla bosib olib, — xatida nima debdi ekan?
— Akamning daragini topganmish, shunga joʻnab ketibdi ekan, — dedim boʻshashibroq.
— Voy, qancha boʻldi-ku?! Kelmadimi haliyam?

Men yerga qaradim: ichimda nimagayam aytdim, deb afsus chekardim:
— Oʻsha ketgancha ketib boryapti.
— Ilohim, yaxshi xabarlar bilan kelsin bu yoqda Mahfuz kelinuvzaning daragi chiqqan bir kezda. Ilo-oy, Oʻzing shularga ham xotirjamlik ato eta qolgin. Tup qoʻyib, palak yozishlariga imkon bera qolgin.

U kishi duo qilyaptilar-u, men kaft ochgancha ignaning ustida oʻtiribman. Duo yaxshi. Lekin u yog‘ini soʻrab qolsalar-chi, nima deyman?

Nihoyat, turdik. Ular ham mamnun edilar, biz ham.

Yaxshiyam u kishi oʻzi qaerda, deb soʻrab qolmadilar.

Yaxshiyam: shoshma, jujug‘i-chi, jujug‘i qaerda, nega sen olib kelgan joyda yana olib ketishdi, demadilar.

Yaxshiyam Olim oʻzi nimaga kepti, u qaerdan paydo boʻlib qoldi? Akasi Sultonmurodning qaerdaliginiyu mana bu toʻzib qolgan oilasini bilmaydimi, deb qolmadilar.

Yaxshiyam sen oʻzing qanaqa jigarsan, shunday gazetalarda ishlab Tangritog‘dek bir yurtlarga chiqolmasang, akaginangning daragini oʻzing izlamasang, seni kim aytadi Ulug‘xoʻjaboylar avlodidan deb, past-balandni tushungan deb! Oʻzingga en boʻlolmaysanu bosh-qaga qanday yeng boʻlasan, deb qolmadilar.

Shunday deganlarida, miq etib og‘iz ocha olarmidim?

Yaxshiyam bu gaplarni keyinga qoldirdilar.

Oshiyonidan Ayrilgan Qushlar

I

Oʻz uying — oʻlan toʻshaging. Saharga yaqin yotib ham bir mizg‘ib olsang olam-jahon orom topib, tiniqib turasan. Sa’valarmi, sariq yoxud qizilbosh jimit qushchalarmi, biri olib, biri qoʻyib, derazamiz ortidagi koʻksulton tepasida (balki oʻrikdadir) chiv-chivlab chuldirishar, men tepamga koʻchib kelgan qushlar bozoridan uyg‘onib ketgan edim.

Voh, koʻklam nafasi bu mitti qushchalarning barini mast etib, daraxtlarning oftob ingan shoxchala- ri — qir uchiga oʻtkazib ulguribdimi! Ular qorin g‘amini tamom unutib, bir-birlariga roz aytisharmidi, sayrab-quvnasharmidi yoxud koʻklamga yetkazgan Allohga oʻz tillarida tasbehotu hamd aytisharmidi, ajratib boʻlmasdi. (Balki har ikkisi hamdir). Olam shunchalar munavvar, chah-chahlarga toʻla ediki, daf’atan qay oshyondamiz — eski hovlimizdami, yangisidami, anglay olmay qolgan edim.

Turib, azza-bazza koʻchaga boqdim. Yangisida ekanmiz. Oftob koʻksultonning yarmiga qadar tushib qolganiga qaramay hali bolakaylar uy-uylaridan chiqib, g‘oʻra qoqishga tushishmagan edi. Tushishsami, bu jimit qushchalar qayga ham qochishar ekan?! Ungacha yayrab olmoqda edilar. Faqat darvozamiz tagida yilt yangi— qora olxoʻridan ham qoraroq bir mashina turibdi. Men uning orqa yarminigina koʻrdim xolos. Olam shunday goʻzal va shodumon, ruhim ham shunday tiniq va yengil ediki, qanot chiqarib uchib ketsam-da mumkin edi. Hatto mashina kimniki ekanini oʻylab qoʻyish xayolimga kelmasdi.

Yuvinib-taranib kelib, salom bergani oyimlarning oldilariga kirsam, voh, kim oʻtiribdi deng?! Bir vaqtlar akamning Boʻzsuvdagi qarorgohiga osmondan oyog‘ini uzatib tushganlar alam-achchiq ustida ushlab ketgan kichkina akam — Olim akam oʻtiribdi!
— Ie, oʻzizmi? Voy, sizni, — deya bir koʻrinib yoʻqolib qolgan xolavachchamni quchoqlab oldim. — Xabar bermaganizzi qarang!

Eshikning tagidagi yilt yangi g‘irotni koʻrib ham(!) payqamaganimni qarang!
— Ey, mirzo, seni ham tutar kun, topar vaqt bor ekan-ku! — deb Olim akam ham kuraklarimni silar, quchog‘idan qoʻyib yubormas edi. Soʻzlari bir samimiy, ichining tub-tubidan otilib chiqmoqda edi. Tavba, u ham samimiy boʻla olar ekan-a! Jigarlarning qadri endi bilinibdimi?! Qolaversa, men uning quchog‘ida oʻzimni jimit bolakaydek his etar, yoʻq boʻlib ketgandek edim. U boʻlsa, oʻsha qiltiriq Olim akam boʻlsa, yillar oʻtib, Sultonmurod akamdek norg‘ul tortib ketgan, katta kishi nusxi urib tog‘alarimizga oʻxshab qolgan, hammadan ham burun undan bir turlik — eng yaqin jigarlarning hidi ufurib, men dovdirab qolgan edim.
— Nechuk-nechuk, qarang, qanday yarashib turibdi.
— Mana, izlay-izlay, surishtira-surishtira... topib keldim — dedi u ham toʻliqib.
— Shunaqa, zilzilalar «sharofati» bilan sochilib ketdik har yoqlarga.
— Tag‘inam tariqday sochvormabdi, doʻmlarga chiqarvorsa, nima qilardingiz? Bizga oʻxshaganlar qaysi toshqoʻrg‘onning qaysi katalagidan topardi?! Bir parcha boʻlsa ham hovli-joy nasib etibdi-ku. Uzoqqa tushmabsizlar-ku tug‘ilib oʻsgan diyorlarimizdan.

Ich-ichimdan hayratga tushaman: shu Olim akammi, a? Oʻsha jigarimizmi, a? Odam shunchalar oʻzgarib keta olar ekanmi? Yo bular hammasi vaqtincha, sinashta boʻlib ketgunchami? Unday desam, oyim ham chippa-chin ishonib, mutaassirlanib oʻtiriptilar. Roʻmollarining uchini damba-dam mijjalariga bosib, bizga qarab-qarab qoʻyayaptilar. Kamiga shivirlab duolar qilyaptilar: Iloy, hech kimni bizchalik uzilishtirmagin deb.

Oʻtirdik. Oyim duo qildilar.
— Ilohim, ot aylanib qozig‘ini topgani rost boʻlaqolsin. Akaginang ham qaytib, bag‘irlaring toʻlaqolsin, oʻz diyorlaringda otalaringni chirog‘ini yoqib oʻtiradirgan kunlar ham kelaqolsin. Qanday odamlarning farzandi edingiz — Olloh Sizlarga ham bir qoʻnim beraqolsin. Oʻzi toʻzim ato etsin. Omin.
— Ollohu akbar, — deya yuzlarimizga fotiha tortdik. Nazarimizda oyimning duolariga hamma xolalarimu tog‘alarim qoʻshilishib turgandek edilar. Oʻzimni bir yengil his etardim, bir yengil his etardim...

Suhbatimizga oʻz-oʻzidan fayz kirib, mehrlarimiz iyib kelmoqda edi.
— Oʻshandan beri qoʻng‘irog‘ingni kutaman, daraging yoʻq, mirzo,— dedi Olim akam gina qilib, ginasi sa-mimiy ham beg‘ubor edi.— Axiyri oʻzim kelaverdim.
— Undan gina yoʻq, akasi, ishiga tuzukroq joylashib olsin, bormay qayoqqa boradi. Borsa-kelsa, oqibat ulanadi-da, — deb jonimga oro kirdilar oyim.
— Uzr, chindan alahsib ketibman, xizmatchilik, — deb uzrimni qalashtirdim. Ammo keyingi voqealardan (kennoyimning topilishiyu Yodgorni bexavotirroq joyga olib ketishlari, Chaman akamning omonati, hali u yoqqa oʻtishim zarurligidan) og‘iz ochmadim. (Ochganimda ham nima derdim, unga aytadigan gaplarmi?!)

Olim akam siporishladi:
— Yolg‘izlik Allohga yarashadi, bu dunyoda hamma bir-biriga suyanib yashaydi, derdilar adam rahmatli, endi bilinyapti, — Olim akamning ovozida allaqanday mahzunlik bor edi. (Aytmoqchi, u oʻshanda yolg‘izman, devdi).

Men choy uzatib, dasturxonga qistadim. Oyim esa hech narsadan xabarlari yoʻq, astoydil ginaxonlik qilar edilar:
— Bir yoʻla kelinni, bolalarni opkelavurmabsan-da, tanishib olishardi. Sizlar kelardinglar, bular borishardi. Bu dunyoning ziynati shu-da.

Olim akamning tomog‘iga oʻksuqqa oʻxshash bir narsa kelib-tiqilib, chuqur tin oldi:
— Ey, xola-ya! Mening bu yurishim, bu savlatlarimga ishonmang, — dedi chapanilarcha qoʻl silkib, — xizmatchilik deb yuraveribmiz yurtma-yurt, buyurgan mamlakatiga koʻchib. Koʻch ham nima — ikkita jomadonu sariq xotinning sariq-suruq bolalari! Hammasini samolyotga oʻtkazib, chiqqan shahriga joʻnatvorganman, xola. U befotiha, benikoh orttirganlarimni. Yurganakanmiz bizam musulmonmiz deb...

Oyim yuzlarini ushlagancha, tillarini tishlab qoldilar, oʻrtaga hech gap sig‘maydigan bir jimlik choʻkkan edi. Axiyri oʻzlari yumshatdilar:
— Voy, xolang aylansin, shunday ekan, ha, kelavurmaysanmi? Sig‘magan joyingmi?

Olim akam xijolatomuz jilmaydi:
— Unchalik deb tushunmang, xola. Judayam koʻchada qolganim yoʻq. Ishxonam, og‘aynilar bir xonali uy toʻg‘rilatib berishdi. Oʻshatdaman.

Oyim koʻnmadilar:
— Baribir-da. Erkak kishining yotari bor, turari bor. Qolaversa, sochingga oq oralaganda salti-svoy yurishing yaxshimi! Haliyam boʻlsa, kel. Qancha uylar huvillab yotibdi.
— Himmatizga rahmat, xolajon. Hali hamma narsadan voz kechib, tarki dunyo qilib qoʻyganimcha yoʻq. Niyatlarim katta, — dedi u gapni yarim hazil-yarim chinga burib.
— Ha-a, ana endi esing kiribdi, — dedilar oyim ayab oʻtirmay. — Shariatni nimaga chiqargan?! Koʻchadan topgan-xotun boʻlmas, xotun boʻlsayam-zotun bilmas, deganlar. Tag‘in sen kimlarning farzandisan-a! Vaqtida qutulibsan. Hay-hay, falokating aribdi. Haliyam kechamas. Topilar oʻzingga yarashasi. Olloh rozi boʻladirgan turmush qaydayu halol-haromni ajratmaydigani qayda! Oʻzim bosh boʻlib topganim boʻlsin.

Olim akam xijolatlarga botib qizarindi, toʻlg‘ondi, axiyri «hay-hay»lashga tushdi.
— Hay-hay, xolajon. Indamasam, toʻyni ham boshlab yuborasiz shekilli, — dedi hazilga yoʻyib.

Oyim boʻsh kelmadilar:
— Oʻzing pushmondamasmisan, ishqilib?
— Nimadan, xola?
— Oʻsha sarig‘-moshagingni joʻnatvorganingga-da.
— He-he! Yelkamni chuquri koʻrsin. Umrning egovini...
— Shuginami? — dedilar oyim.
— Oʻz diningda boʻlmagandan keyin... mahliqosi ham tatimaskan.
— Ha-a, ana bu gaping doda gap boʻldi! Qaysi qavm-ga yaqin yursang, oʻsha qavmdan boʻlib ketasan, deb bekorga aytmaganlar. Bollaring-chi, ular ham onasiga tortganmidi?

Olim akamning boshi solinib ketdi:
— Sekinroq aytasizmi?..

Oyim yomon toʻg‘risoʻzlar-da: ayab oʻtirmasdilar, mehmon-ku demasdilar:
— Oʻzingniyam koʻzing qayoqdaydi, aqling qayoqdaydi? Shayton tuzog‘iga ilinibam sezmadingmi? Oʻsasan desalar, qilaveribsan-da buyurganlarini? Qoshdan qovoq qaytarmay?

Olim akam qorayib qora-qizil tortib ketdi, oyimning betlariga qaray olmasdi. U hurpayib olgan, nazarimda mana hozir portlar, portlab: «Oʻzlariz me- ni qaerga joylab qoʻyib edingiz? Kim qilmoqchi edinglar?!» deb yuboradigandek edi-yu, yorila qolmasdi. Axiyri ham... yorilmadi. Ichiga yutib, mardlik qil-di.
— Nima boʻlsa-boʻldi, boʻyog‘i yitdi, xola, — dedi boʻg‘iq ovozda.— Koʻrgulik ekan — koʻrdik, kami boʻlsa... chidaymiz.

Qarangki, men uni... shu turishi, shu gapi uchun... yaxshi koʻrib ketdim. Uni shunday deb... ayblarini mardona tan ola biladi, deb (!)... hech oʻylamagan ekanman. Shu hurpayib oʻtirishida hammadan koʻra koʻproq Sultonmurod akamga oʻxshab ketgan edi. Balki men adashayotgandirman, navbatdagi ustamonligi, hiylasi, artistligidir bu. Lekin menga boyagiday tuyulib, yoqib qola boshlagandi. Balki bu akamni judayam sog‘inganimdan, unga hech kimni oʻxshata olmay yurganimdandir. Hozir uning anuv gaplarini (xatida tayinlaganlarini!) haliga qadar bunga aytmaganimni eslab, ochig‘i, bir g‘alati tortdim. U omonat gaplar xususida chindanam og‘iz ochish mavridi endi kelgan, kelayotgan edi. Ammo Xudoning xohlashini qarangki, bunga hojat qolmaganini koʻrib turardim, koʻrganim-sezganim sari yengil tortib borardim. Ilohim, hojat qolmagani rost boʻlsin!

Olim akam esa, ich-ichida oyimning hukmlarinimi, nimani kutar, u kishiga zimdan qarab-qarab qoʻyar (chindan-da, maslahat solib, qora tortib keladigan yana kimi bor?! Qoʻldosh tog‘amlarning tergashlaridan bezganmi, u kishini uncha hushlamaydi, harqalay borganini eshitganim yoʻq), jim edi.

Oyim sezgir edilar, uni alqab kuragini silab qoʻydilar:
— Umringdan baraka top, toʻg‘ri qilasan. Bunaqa vaqtda sabrdan chiroylisi yoʻq. Sabr Ollohga ham xush keladi. Lekin sen endi maslahatga ham quloq sol. Bunday yurtma-yurt yurishlaringni qoʻy. Qavatimizga qayt. Uy qilsang, joy qilsang, bir moʻminaga uylantirib qoʻysak, otalaringni chirog‘ini yoqib oʻtirsang qanday yaxshi!

Olim akam «hov, mening eski dardlarimni, yaralarimni qoʻzg‘ab nima qilasiz, hamma siz oʻylagancha boʻlsa, qani edi!» degandek oyimlarga qarab qolgan edi. Soʻng sovub qolgan, qahrabodek choyni bir sipqorib, piyolani kaftida tutgancha oʻzi sezmagan holda tizzasini ezg‘ilashga tushdi.
— Uni demasang, ana, narigi koʻchalarda nechta joy boʻsh turibdi, shaharga chiqsang berishar. Shuncha joylaringizni tortib olgan hukumat bir parcha yer bersa beribdi, haqi ketmas. Butun olam — oʻrisam, chulchutam Toshkandga kelib yotganda, nima, sizlarga mumkinamasmi? Haqsiz degan joyi bormi yo?

Rosti, oyimlardan qozi chiqsami, olam-guliston boʻlib ketar edi. Olim akamning yuziga nur yugurib, oʻzingiz zoʻrsiz-da, xolajon, deganday suyib tikildi.
— Boʻlmasa, harakat qil. Nimadan uyalib qisinasan? Ular uyalib qisinsin, kim-kim — Sizlarni unutib qoldirganiga. Joy ajratmaganiga, — dedilar oyim hovurlaridan tushmay. — Endi Xudodan qoʻrqmaydiganlarning zamoni boʻpqoptimi? Shoshmay tursin, Olloh ham koʻrsatib qoʻyar. Yo Ollohga qiyin ekanmi, ularning oʻrniga boshqasini keltirib qoʻyish?!.

Olim akam u kishini yumshatishga urinib uzandi, kiftlariga qoqib «xolajon»lagan boʻldi. Oʻzi esa, oyimning bu hollaridan ich-ichidan zavqlanib ora-orada menga himo qilib qoʻyar, «qara, qanday xolam, oying borlar» demoqchi boʻlar edi.
— Siz nima desangiz — shu, xolajon, — deb yubordi axiyri iyib ketib. — Oʻzimam odamlarga oʻxshab qoʻnim topib, urug‘im deb, aymog‘im deb, bordi-keldilar qilib, yashashni sog‘inganman. Yetar, shuncha tentiraganlarim. Shuncha topib-topib — nima koʻrdim? Qolgani oʻsha koʻchadagi moshinmi? Sotsam, yetib qolar bir boshpana qilib olarga?
— Mashinangni qoʻy, — deb urishib berdilar oyim.— U ham bu dunyoni ziynati. Sen bir uy tiklayman, vatan tutaman deysan-u, qarindoshlar qarab turarkanmi! Hashar bilanam tiklab berishadi. Ana, Usmon tog‘ang, binoyi oʻtiribdilar. Oʻzlariga qolsa, bir g‘isht qoʻya olarmidilar! Undan koʻra, sen kirib, duolarini olib chiq. Keyin hamma ishing oʻngidan kelib, yurishib ketaveradi. Duoda gap koʻp.

Olim akam u kishining tanbehlarini olib, bosh silkigan boʻldi, soʻng qoʻlini ochib, izn soʻragancha qaradi:
— Endi duo qiling, xola. Men Maqsudxoʻjangizni bir yetga opketgani kelganman. Buniz vaqti ziq odam, hali ishga boramanga tushib qoladi.
— Mana shunaqa-da, kelmaslaringdan ketamanga tushib qolasanlar, — oyim azza-bazza xafa boʻlib, ters qaradilar.— Ha, kelin bitta ovqat solsin, tuzuk-quruq dasturxon yozsin...
— Kecha jujur edim, shoshadigan joyim yoʻq, — dedim men manzirat uchun boʻlsa-da. Aslida boradigan yerlarim qalashib turibdi!

Olim akam qoʻlini tushirmasdi:
— Qaytaga yaxshi. Qaytib kelamiz. Osh dam yeguncha qaytishga harakat qilamiz, — deb qistadi.
— Kelasan-a, kelmay qolmaysizlar-a?.. — u kishi obdan ishongach, javob berib, duo qilishga tushdilar. Undan koʻra qayoqqa borasanlar deb tergasalar-chi, soʻrasalar-chi, menga shu avloroq edi. Negaki, men vaqtimni qizg‘anib, ichim halak, lekin mezbonlik nomim bor — andesha saqlab, inday olmayotirman. Hali qayoqdagi sayru sayohatga yo boʻlmasa arxivgami, surishtir-surishtirgami, boshlamasa edi. Oʻzim boradigan yerlarim kamday. Qani aytolsam...

II

Xayrlashib chiqib, Ovruponing uchqur, ammo bizning koʻchalarga xayf «Volva»siga oʻtirdik ham, (tavba, ular bu nomni bizdan koʻchirganmi yo biz ulardan? Oʻxshashligini! Volva-Volga! Egizak-ku!) koʻchamiz bolakaylarining koʻzini oʻynatib g‘uvillatib ketdik ham Olim akam qayoqqa otlanganimiz haqda og‘iz ochib qoʻymasdi. Ichimni toza pishirmoqchimi, tushirmoqchimi, bilib boʻlmaydi. Buning kasbi-da, oʻziyam shunaqa ichimdagini top xilidan. Boshqa odam allazamon sir berib, gullab qoʻyardi.

Men ham atay soʻramayapman. U qani parvo qilsa, qora qirg‘iyini ta’rifini keltirish bilan ovora:
— Hoʻ, oʻsha yoqning kaftdek yoʻllarida bu oʻqdik uchsin-da. Yuz saksondayam qilt etmaydi!
— Suv tekinga olmagandirsiz, axir? Bizning koʻchalarni bila turib? — dedim.

U og‘zini bir ajoyib toʻldirib, tilini «toqil»latdi.
— Qayoqda! U yoqda suv tekin. Hamma qimmatchilik bizda. Qolaversa, shundan boshqa nima qopti menga? Hammasini shipirib ketdi-ku anuv yuxo.
— Nechuk bunga indamadi, tishi oʻtmadimi? — dedim kulib.

Olim akam chekayotgan bir ajoyib sigaretini chapanichasiga nazokat bilan (jimjilog‘i uchi ila) oynadan chertib yubordi.
— Qayoqda! Payqamay qoldi olganimni! Orqamdan yetib kelarini bilsa, yamlamay yutardi-ku.
— Siznimi, mashinanimi? — dedim hazil aralash.

Akamga bu xush yoqib oʻtirgan yerida irg‘ishlab qoʻydi:
— Topding, mirzo, naq ikkimizniyam yutib ortidan chiqavorardi.
— Tirik yuxo ekan-da, unda?

Olim akam qosh uchirdi:
— Ha, barakalla. Olim akangga ham oson tutma sen. Ana oʻshanaqa jodugarlarining qoʻlidan omon chiqib kelib turibdi. Bilding.

Soʻng... bir ajoyib oʻyinqaroqlik ila (goʻyo barcha oʻsha noxushliklarni) «Volva» oynasidan chirt etkazib tupurib tashlab, qoʻshib qoʻydi:
— Bu g‘irotu qolgan umr — foydaga qolib turibdi-ku.
— Buyursin, — dedim.
— Rahmat, — deb minnatdor qarab qoʻydi u. — Le-kin rostini aytsam, koʻzlari kuyib ortimda hiqillab yurgan koʻzirchalar ham allaqancha. Bilmaydiki...
— Soting debmi?..
— Ha-da, dardi xarina deganday...
— Chindan koʻz qiymaydigan xili ekan, — dedim.
— Qiymaganda nima, bir temir-da, — dedi meni hayron qoldirib.
— Unda, nega «loylab» yubora qolmaysiz?

Olim akam quvlik ila kulib qoʻydi:
— Menam anoyilardan boʻlib qolmoqchimasman.
— Tushunmadim.

U endi sharaqlab kuldi:
— Hozircha bozorga solyapman! Koʻz-koʻz qilib, tarang qilib yurippan. Obdan koʻzlari kuyib, oʻpkalari shishsin, ana undan keyin... pul topib, aql topmagan bir laqmasiga oʻtkazvoraman.
— Ie, hozir nima devotuvdiz? Shundan boshqa nimam bor deb... — Men halitdan ichim achib, mashinaning momiqdan-momiq oʻrindiqlariga, yilt yangi (ular chindan bu olamniki emasday edi!) anjomlariga qarab qoʻydim. Oʻziyam poshshoi mashina ekan, yurgan sari bir lazzat topasiz. Bizning shu almisoq yoʻllardaki bir tovus, bir erka kiyikday suzib boryaptimi, u yog‘ini qoʻyavering!...

Akam xoʻrsindi:
— Ochig‘i, xolam haqlar. Dunyoga kelib, bir oshiyon tiklamagan, boshiga bir boshpana qurib, bir yerni vatan tutmagan odam — odammi! Men hov ilgariyoq niyat qilib qoʻyganman, eson-omon qaytsam, Yakkabog‘dagi qoʻrg‘onimizdek bir qoʻrg‘on solay, joy qilay, deb. Nomimiz qolmasayam, nishonimiz qolsin, avlodlarimiz qolsin! Qolaversa, otam rahmatli yurtga qaytinglar, yurtni vatan tutinglar, jigarlardan ajramanglar deb... vasiyat etganlar.

Ikkimiz ham jim qoldik.

Mashina katta tuproq yoʻlda ortidan bir olam oq toʻzon qoldirib, oʻzi oʻsha toʻzondan qochgancha g‘izillab borarkan, akamni bilmayman-u, mening koʻzlarim yoshlanib kelib, ichim ostin-ustun boʻlib ketdi. Koʻz oldimda esa, oʻsha oʻzim bilgan, bolalikdan tanish vayro- na — xolamgilarning Yakkabog‘dagi valongor qoʻrg‘onlari — tomlari ochiq, devorlari qor-yomg‘irlarda nurab-emirilib tugayozgan oʻsha uylar turardilar. Bu ular tashlab ketgan oshiyon edi...

Ochig‘i, sabrim yetmadi.
— Qayoqqa boryapmiz, oʻzi? — deb yuborganimni sezmay qoldim.

Olim akam oʻgirilib qarab, jilmayib qoʻydi. Lekin javobga oshiqmasdi. Top-chi, topolmadingmi, shahar berasanmi, deb hazillashadigan bir alpozda edi.

Men esam, ichim qizib, shahar berishga-da, tayyor edim.

U tushundi:
— Avval anuv — koʻchaga tushgan qayrag‘ochli yolg‘iz mozorga, soʻng sutchinikiga oʻtamiz. Zoʻr yangiliklar bormish.
— Qaysi, bog‘laringiz pastidagi oʻsha qayrag‘ochzorgami? — dedim yuragim bir orziqib, — shuncha joy turib... oʻsha yoʻlga tushibdimi?!.
— Kimdan xafa boʻlasan, dudi-fig‘oning chiqib? Balo kelsa hoʻlu quruq barobar yongay, bu yer mozor, bu yer bozor deb oʻtirmagay hech kim. Xudoning xohlashi. Qolaversa, dunyo koʻrsang — bilasan, bu yerning mozor oʻtmagan biror joyi qoptimi? — dedi u.

Men uni tushungim kelmay qizishdim:
— Qanday xalq edik? Kim boʻlib boryapmiz?! Otalarimiz non ushoq tushgan yerni oʻrab, mozorot etib, oyoq bostirmagan xalqning bolalari... bugun kim boʻlib oʻtiribmiz! Tomoshabinga oʻxshab?..

Olim akam oʻgirilib, yuzimga sinchkov boqdi:
— Tuzuksanu, — dedi, — gazetangga ham shunday deb yozavurasanmi, oʻtkazishadimi?
— Bilaman, oʻtkazishmaydi, — dedim toʻng‘illab, lekin tilimning uchidagini yuta olmadim, — Indamas ekan deb... toptayveradilarmi... aziz joylarni?
— Nimasini aytasan, bu yerning yetti qavatigacha aziz-ku, teginib boʻlmas joylar-ku, — dedi u ham.
— Ular esa, xor qilib kavlab yotiptilar, kimlargadir shahar qurib...

U yoʻldan koʻzini uzmay allatovur xoʻrsindi:
— Adam rahmatlining har gaplari bir hikmat ekan. Bu yerga kelib, manavi alg‘ov-dalg‘ov qurilishlarni koʻrib, tushunganday boʻlyapman. Avliyo ekanlar.
— Shu haqdayam... gapirib edilarmi?
— Bashorat qilgan ekanlar, tavba, — dedi u hamon menga qaramay.
— Nimani? Shu zilzila, buzilish-koʻchishlarni-ya?
— Ha-da. Ollohdan qoʻrqish kerak, qoʻrqmay qoʻyganlarning oʻrniga butunlay boshqa qavmni keltirib qoʻyishi hech gapmas. Bizning ham toʻzib ketganimiz bejizmas, oʻg‘lim, der edilar, tavba...

Boʻladi-ku shunday mahal: oʻrtaga hech gap-soʻz, yurakka esa qil sig‘maydigan kezlar — hozir shunday bir holga tushgan edik.

Allavaqt jim qoldik. Bu orada mashinamiz koʻcha yoqasida omon qolgan katta bir sadaqayrag‘och (nimaning kasofati urgan — u qurib qolgan, changaldaraxt kabi turardi) tagiga kelib, sekinladiyu oʻz toʻzonida qolib ketdi. Bu oppoq toʻzon xuddi qiyomat belgisiday birpasda bizni kulrang soyasi bilan oʻrab, bir mav-humot olamida qoldirgan, hatto quyosh yuzini toʻsib qoʻygan edi. Ol-a, yilt yangi mashinasi oʻldi desangiz-chi! Oʻn kun yuvganda oʻz holiga kelmas. Yana uni sotarmish. Bu yoʻllardan uch marta oʻtsin, keyin kimga sotarkin!..

Toʻzon tarqab, qulrang soya ham ustimizdan koʻtarildi.

Bor ekan-ku yorug‘ olam!..
— Sen oʻtirib tur, men hozir, — degancha Olim akam mashinasidan tushib, qayrag‘och tagida baqqolsupa qurib olgan odam tomonga keta boshladi. Sigareti tugabdimi deb oʻylab, men tushmay qoʻya qoldim. Koʻrib turibman, u hech narsa olgani yoʻq, lekin ikki og‘izgina bir narsa soʻradi yoxud iltimos etdi. Chol ham koʻna qoldi. Qayrag‘och tagidagi ariqdan hatlab oʻti-boq qaybir yangi uyning handag‘i yoqasiga borib choʻn-qayishdi. Baqqol yuziga fotiha tortdi-da, nimadir oʻqiy boshladi: bildimki, tilovat qilyapti. Etlarim oʻz-oʻzidan jimirlashib kela boshladilar! Olim akam oʻz qoʻrg‘onlari oʻrnini bosib oʻtib ketolmay... otalari haqqiga bir kalima Qur’on tiloat qildirmoqda edi. Shunchalik eslaganiga shukr, insof berganiga shukr, yodga olib qoʻymaydiganlar qancha-ku...

Keyin cholga qoʻyarda-qoʻymay qog‘ozga oʻralgan bir narsa tutqazib qaytarkan, u Olim akamni alqab duo qilib qoldi. «Eshonpochchamning arvohlari qoʻllasin... Sen siylabsan, Alloh siylasin seni» degani yarim-yorti eshitildi.

U eshikni keng ochib, joyiga yengil oʻtirdi va mashinasiga kalit solaturib:
— Tanidingmi? — dedi allaqanday kamgap tortib.
— Shoʻtmi? — dedim men ham yuragim jig‘ etib.
— Shoʻt, — dedi u qoʻporib, handaqlardan bir chetga surib tashlangancha na arralab olingan, na kesib joylangan daraxtlar mozorotiga oʻkinchla qarab (Qoralari oʻrik, kumushranglari bahaybat yong‘oq tuplari ekani shu yerdanoq bilinib turar edi!).
— Esiz yong‘oqzorlar, — dedi keyin, — biz bolaligimizda shundoq edi, ekilganiga qancha boʻlgan ekan?

Men bu yong‘oqzor oralab oʻtgan anhor yoqalaridan qoʻziqorin terganlarimni eslab, g‘alati boʻlib ketdim: hammasi koʻz oʻngimizda yoʻqlikka koʻchib bormoqda edilar.
— Qoʻrg‘onlarizniyam... surib tashlab boʻptilarmi?— yodga soladigan hech narsa qolibmadimi, demoqchi boʻldim.

U sassiz-nesiz bosh silkidi, lekin oʻzi oʻsha yoqdan koʻz uzolmasdi (axir koʻz ochib koʻrgan-tanigan vatanining suvratini kishi koʻz oʻngi — xotirasidan oʻchirib tashlab boʻlarkanmi! Bir tuman ortida boʻlsa-da, turavergay-ku oʻziga chorlab!)
— Hatto anhorni ham-a? Koʻmib yuborishibdimi?— dedim men azza-bazza tushishga intilib.
— Yetti avliyoning yettita mozoridan bittasi qolmabdi-ku, — dedi u.
— Shoshmang, — dedim men uning yelkasidan silkilab, — oʻsha bog‘ingiz pastidagi yolg‘iz mozor, qayrag‘ochli mozor yetti avliyoning biriniki edimi? Unda kitoblar-chi, eshon buvamning kitoblari-chi? Chiqmabdimi? Anuv gaplar... bekor ekanmi?

Olim akam mening soddaligimdan kuldi. Mashinasiga oʻt oldirib:
— Men seni nimaga opketyapman?! Oʻsha xazinani koʻrsatgani-da! Qolaversa, Tozi tog‘a chaqirganlar, — dedi iljayib.
— Qanday tog‘a? — dedim tushunolmay.
— Tozilarning tozisi, oʻzing bilgan sutchi, — dedi u «Volva»sini jildirib.

Mening kallam aylanib, esim teskari boʻlayozdi: qanday tozilarning tozisiyu qanday sutchi? Kimni aytyapti u? Anqovsirab qolibman.

U xatosini fahmlab, shoshib siporishladi:
— He, biz tog‘ani shunday ataymiz. Azbaroyi suyib! Xizmatlariga besh ketib!.. U kishiga yetadigani yoʻq bizda. Hozir pensaga chiqib, paqir kishi panada deganlaridek sutchilik qilib yuribdilar-da.
— Oʻsha odam-a? Ilhom sutchi-ya? — dedim tasavvur eta olmay.

Olim akam ochilib kuldi:
— Sen u odamning odamoviligiyu kigiz shineliga ishonma. Birovlarga tarki dunyo qilib, oqliqdan topganiga yashab yurgan darvesh boʻlib koʻrinar. Lekin u asli — zoʻr odam. Olim odam. Shu miq etmay g‘imirlab yurishida ham qilgan ishlarini koʻrsang edi. Hech kimning xayoliga kelmagan, hatto olimlarning tushiga kirmagan ishni qilib, bir uy kitob yig‘ib qoʻyibdi.
— Kitob? — Kitob mening jonim-ku, hayratlanib qaradim.
— Ha-da. Har biri gavharga tong nodiru noyob kitoblar... Tillaga alishmaydigan xillari.
— Yoʻg‘-e, kitobfurushlik ham qiladilar ekanmi?— dedim xayolim qochib.
— Aytdim-ku, bu odam butun bir institut olimlari qiladigan ishni ado etib qoʻyibdi. Shu koʻch-koʻchlarda chiqqan eski kitoblarni soʻrab olib, sotib olib, qidirib topib, bir yerga yig‘ibdi. Tirnoqlab de-ganday... Ishonasanmi, bir uy gavhar yig‘ib qoʻyibdi!

Endi mening ichim g‘urmishlab kela boshladi:
— «Quv-quv», «berkit-berkit»da devor ichiyu toqilar ustiga yashirvorilgan, kigizga oʻrab koʻmib tashlangan kitoblarni-ya? Unda... unda Sizlarning kitob-laringiz-chi? — dedim vujudimga tushunuksiz bir titroq tushib. Nazarimda shuning daragi bilan kelganday koʻrinardi Olim akam.
— Boʻlmasa-chi! Oʻshalaram Qang‘lidan topilgan-da. Kitob toʻla sandiq chiqqanini xabar qilishgandayoq borib sotib opti. Sandiqlarimizni koʻrdim, kitob-larimizniyam. Qilt etmabdi. Bir qavat namati toʻkilib tushibdi-yu, oʻziga jin ham urmabdi.
— Qaerdan chiqibdi? Oʻsha yolg‘iz mozorotdanmi?
— Ha-da, Olloh shuncha yil oʻsha mozorotda saqlagan ekan. Gard yuqtirmay.

Shu tob Sultonmurod akamning xoʻv anuv xati, menga tayinlagan gapi beixtiyor yodimga tushib, g‘alati tortib ketdim: e, voh, toza g‘aflat bosgan ekan-ku bizni! Axir koʻmilgan kitoblar qaerdaligini yozgan edi-ku akam. Men bilardim-ku! Uylar buzilib, hamma koʻcha boshlagach, oʻrniga doʻmlar tusha boshlagach ham nega g‘ulg‘ulaga tushmadim? Tamom unutdim? Nima boʻldi menga? Nima chalg‘itdi? Qaysi shayton yozg‘irdi meni? Omonatlar bir yoqda qolib, qay oʻtkinchi ishlar, hoyu havaslar ketida chopib yuribman? Aslida uni topish mendan lozim emasmidi? Im-m...

Menga alam qilardi. Yoʻq, uni qayoqdagi bir sutchi chol, ishiga puxta chol topgani emas, qarab turib, burnimning tagidagi narsani oldirib yuborganim, u xazina birovlarning qoʻliga tushib ketgani, oʻzim mas’uliyatsiz odam boʻlib chiqqanim alam qilar edi.

Tag‘inam Xudo asrabdi. Iymonli bir odamning qoʻliga tushibdi. Bizning iymonimiz shunchalar sust ekanmi?
— Undanam burun sen zoʻr yangilikni eshit. U kishi shajara qog‘ozimizni topib qoʻyganmish. Yetti pushtimiz bitilgan narsani, — deb u qalay, mirzo ukam, deganday qarab qoʻydi.
— Tog‘am aytganlaricha borakanmi, — deb yubordim men, — yoʻqolib bitmagan, birovlarga oʻtib ketmagan ekanmi?
— Yana kelsangiz koʻrasiz, koʻp narsalarni aniqlab qoʻydim deyayapti. Shunga ketyapmiz, — dedi Olim akam maqtanib. Chindan u g‘ururlansa, maqtansa arzirdi. Men uni xushlamay yuribman, eski qilmishlarini eslab, necha vaqt yoʻq boʻlib ketganidan hadiksirab... U boʻlsa, toza omadi chopgan chiqib qoldi-ku!
— Soʻradizmi, u bizning oʻsha Ulug‘xoʻja buvamizdan qolib kelayotgan shajara ekanmi? Qozilar muhrlari bosilgan, hujjat oʻrniga oʻtadigani ekanmi? Yoki?.. — dedim ijikilab.

Olim akam bir narsadan shodumon boʻlgan kezlari yoʻlga qaramay qoʻyadigan, hali yonidagi odamning yelkasiga qoʻlini tashlab, hali mashinasining g‘ir-g‘ir shabada urib yotgan oynasiga yastanib olib, gap sotishga tushadigan odati bor ekan, hozir ham shu holga tushib borar edi.

U tilini bir ajoyib toqillatdi:
— Yoq, soʻramadim. Borsagoq koʻramiz. Balki oʻshadir, balki boshqa. Lekin shajara qog‘ozlarmish, bir-biriga ulanaverib, yopishtirilaverib sarg‘ayib ketgan.
— Qaytarib beradi ekanmi? — dedim ichim qurib.

Olim akamning yuziga bir nima soya tashlab, soʻnikib qoldi. Oʻzi chuqur tin olib:
— He, — dedi allaqanday oʻksik tarzda, qolaversa, oʻz ustidan kulganday. — Koshki biz oʻsha narsalarning chin qadrini bilsak. Bugun quvonib, ertaga unutib yubormasak. Tayin oshiyoni yoʻq menday odamning qoʻlida yoʻqolib-netib ketganidan oʻshanaqa fidoyilar qoʻlida boʻlgani ham tuzuk. Nima deding?
— Nega, oborsak oyim yeru koʻkka ishonmay asrab berar edilar, — dedim izlaganimiz topilganda qoʻldan chiqib borayotganiga yuragim achib.
— Ha, darvoqe, bu gaping ham toʻg‘ri, boraveraylik-chi. Lekin chol osonlikcha bera qolmas. U shunaqa koʻhna narsalarning jinnisi boʻpqopti pensaga chiqib, — dedi u nimagadir xayoli qochinqirab.

Bu orada ilgarigi fayzining urvog‘i ham qolmagan Choʻlpon ota guzariga yetib borgan edik. Mastuba opaning doʻkoni ochiq, tol tagidagiyu anhor boʻyidagi choyxonalar, bozor joyida, baqqolu attorliklar yopilmagan, faqat hech zog‘ koʻrinmasdi. Kimsasizlikdan hatto soyalar mudrardi. Faqat daraxtlar uzra g‘uvlab uchgan asalarilarga tashlab ketilgandek edi bu guzar. Na egasiz bir it, na adashgan bir kimsani uchratardik. Rastalar ostida yolg‘iz musichalargina (goʻl boʻlib!) rizq izlab yurishibdi. Hatto bir vaqtgi bozorgohga oʻrgangan gala chumchuqlaru soʻfitoʻrg‘aylar ham guzarni tashlab ketgan edilar.
— Ie, — dedi Olim akam xushi birdan joyiga kelib, — men oshning xarajatini shu yerdan olaman deb yuribman, bu yerda guzar oʻlib boʻlgan-ku.

Esiz, ilgarigi guzar deb oʻylagan-da. Chindan ham ilgari bu yerda uchta choyxona boʻlib, uchalasiga uch toifa odamlar yig‘ilishar edi. Mirtoʻxta amakinikiga qariyalar kirib, qaymoqxoʻrlik, naxotshoʻrakxoʻrlik qilib, gaplashib oʻtirib ketishsa, anhor boʻyidagi choyxonaga satta ziyolilar, shahardan chiqqan mehmon-izlomlar kirishardi. Qodir boyvachchaning choyxonasiga esa tamomi oshxoʻrlar, norinxoʻrlaru xasipxoʻrlar toʻplanib, ertadan kechgacha anuv shayton suvini xush koʻrguvchilar arimasdi. Oʻsha shayton suvlarning kasofati urdimi yo boshqa voqea sodir boʻlganmi (anig‘ini hech kim bilmaydi!) bir kecha shu choyxonada xizmat qilib yurgan yugurdak bola devday odam — choyxonachi Qodir polvonni uxlab yotgan joyida chopib tashlab, oʻzi gum boʻpti. Nima olgan, nima qaysi boʻlgan — hech kim bilmaydi. Jinqarcha oʻspirin shunday ishga qanday dov etgan, qaysi yurak bilan jazm etgan — aql bovar qilmaydi. Lekin ertalab kelishsa, polvon chopiqliq, bolta ham oʻsha yerda yotganmish. Shu-shu choyxonadan fayz ketuvdi. Endi bu ahvol...
— Gʻizza Novzaga oʻtib kela qolayluk? — dedim.
— Yur, oʻtsak oʻtib kelayluk, ikki birdek odam shoʻppayib kirib boormayluk qariyanikiga, — dedi u ham.

Ketdik. Endi uning bir qariyaning koʻnglini olaman deb oshning masallig‘ini izlab yurishi, hamma tashvishlarini (yolg‘izligini ham, bevatan-beoshiyon ekanini ham) unutib, oʻtganlarning shajarasini izlab qolgani meni ajablantirmoqda edi: Tavba, tiriklar turib, nechuk bu oʻtgan ajdodlari bilan qiziqib qopti? U qog‘oz unga nimaga kerakki, vaqtini ham, yilt yangi «Volva»sini ham ayamay manavi oʻydim-chuqur yoʻllarga solib yuribdi? Undan koʻra, yolg‘iz jiga- ring — akangni surishtir! Oshnalari, tovkasidagilarini top! Kimi bor, kimi yoʻq, jilla qursa, mendan soʻra! Yuzing kuyuk, tiling bog‘liq boʻlsa ham... Chindan-da, nega g‘iq etmaydi u haqda? Soʻrab qoʻymaydi?

Mening esa, qanday gap ocharni bilmay — ichim toshib boryapti, gupirib boryapti. Gapning mavridi ham, qalovi ham kela qolmaydiki, oʻzim soʻz ochsam... Kallamda nuqul bir soʻz, bir hikmat aylangani aylangan (qaerdan keldi bilmayman): shajarangni ulug‘ligidan g‘ururlanguncha, ularga nima boʻlgan — bilsang-chi, kim qoldi, kim yitti — surishtirsang-chi, ulasang-chi rishtalaringni!

Men ba’zan oʻzim hayron qolaman, yoshi bir yerga yetgan qariyalarga oʻxshab, (xuddi Nusrat pochchadek!) mushohada qila boshlayman. Goʻyo ichimda oq-oppoq, mitti bir moʻysafid oʻtirgandek, voqealarga u hukm chiqarayotgandek. Hushim joyiga kelib, ba’zan etlarim jimirlab ketadi: nahot ruhim shunchalar qari?..

III

Etni oldik, oʻsha temir mezanali tepaning orqasidagi yolg‘iz xonadonga yetib bordik ham men bu haqda soʻz ocholmasdim. Rosti, andishadan ham burun nomus kuchlilik qilmoqda: bu-shunday akangizga xiyonat qilib, oʻzingiz qayoqlarda yurib edingiz, degan bilan barobardek tuyular edi. Koshki oʻsha tarixlarni bilmasam!

Sutchi jigarlarini koʻrgandek, boshi bir yerga yetib (!) azbaroyi toʻlqinlanganidan kalovlanib qoldi.
— Ey-y eshon bolalar, xush kepsizlar, xush kepsizlar, bizning kulbai vayronamizga, — deb quchoq ochdi, soʻng bizni qoʻyib, oyimlarni soʻray ketdi. — O, u Yakkabog‘u Kattabog‘ning xonadonlari. Hamma har yoqlarga koʻchib, Choʻlpon otaning sut bozorlari oʻlub, men ne eski mijozlarimni yoʻqottum! Kim qayoqqa tushti — qaerda oshiyon tutti — bilmasman! Bizni bozor birlashtirib turgan ekan, oqlik rishta boʻlib turgan ekan! Dalalar oʻldi, soylar koʻmildiyu ne-ne govmushlar sotilib, soʻyilib rishtalar uzildi, oqibat ketdi, vodarig‘! Shu sut, shu otliq qancha xalqni bog‘lab turib edi-ya. Oʻrtaga qaerdan shu zilzila tushdi, qay gunohlarimizga Olloh u kunlarni koʻp koʻrdi, xotirjamlikni oʻrtadan koʻtardi? Shuning oʻzi boʻlsa koshki edi: oʻrnimizga kimlarni opkelmoqda, qanday qavm kelmoqda? Oʻz yerimizda oʻzimiz begona boʻlib qolmasak edi!

Qariya (yoki mening koʻzimga shunday koʻrinmoqdadir) ilgarigidan xiyla choʻkkanday, choʻkkan sari xushroʻy tortib, nurli boʻlib qolgandek edi. Ammo qani uning ilgarigi davrlari — jun chakmonu jun qalpoqda, yelkada obkash, obkashning ikki ilgi toʻla qoʻsha-qoʻsha sut bonkalar, ularni koʻrdim demay yurganlari! Yillar u haybat, u salobatni olib, oʻrniga oq yaktakli xushroʻy bir qariyani qoldirib ketgandek edi. Umr shunaqa ekanmi?

U duoi fotihadan ham burun toʻrdagi qoziqda Qur’on jildi bilan osig‘liq turgan allaqanday yoʻl-yoʻl matoga kiydirilgan naysimon bir narsani (surnay desam, tekis tesha dastadek, boshqa narsa desam, bir tomoni puchqoq) kursi ustiga olib qoʻydi-da, biz qistab qoʻymagach, oʻz oʻrniga choʻkdi. Duosi ham qadam yetdi, balo yetmasin qavlida, qisqa boʻldi. Soʻng:
— Yaxshi, keldinglarmi? Yoʻllar ochilib qopti-mi?— dedi hol-ahvol soʻrab.
— Ochishibdi-ochishibdi, bu gal tepadan oʻtib yalang-da qoldirdim, hech kim tegmaydigan joyda, — dedi Olim akam.

Qariya tinchib, ma’qullagan boʻldi.
— Haytovur-haytovur, qanday oʻtasizlar, qanday ketasizlar, deb xavotirda edim. — Soʻng haligi olgan narsasining siqma bog‘ichini boʻshata boshladi. — Taniyapsizmi, eshon bola, mana bu mato, mana bu tabarruk narsani?.. Koʻzingizga issiq koʻrinmayaptimi? — dedi Olim akamga quv nigoh tashlab.

Olim akam koʻzi chaqnab (shu ekanmi, degandek), ichi hapriqib qarab turibdi-yu, bir nima deya olmayapti.
— Eslay... olmadim,— dedi nihoyat xijolat chekib.
— Balkim-balkim...— dedi qariya taskin berib, — u paytlari yosh boʻlgansiz.

Olim akam yutindi:
— U kishi rahmatlini olib ketishganda... men oyimlarning qoʻllarida ekanman. Bu narsalarni... oʻsha voqeadan bir kun oldin koʻmib kelishgan ekan.
— Olloh hafiz-da, dunyo necha aylanib, qancha joylar tekislanib bitdi. Oʻzi saqlayman degan narsasi qilt etmay turibdi! Va’dasi haq-da Ollohning. Qur’on kitoblaru tafsirlarning orasiga qoʻyvorilgan ekan, bir chekkasi sal ezilganini demasa... mana, torting Maqsudxoʻjam.

Men bir boshidan tortib boryapman, uzun uyning taxmoniga yetdi ham (oʻrtadagi shaldiroq qog‘oz har varog‘i bir-biriga shunaqa tekis ulangan, shunaqa nozik sirachlangan ediki, sanab adog‘iga yetolmasdim) tuganmas, hali yarmi sutchining qoʻlida nayga oʻxshab turardi. U koʻrdiki, bu bilan ish bitmaydi.
— Yo rabbim, — deya oʻrnidan turib, Olim akamga buyurdi, — endi siz bu yoqqa qarab torting, hovliga tushavering-chi.

Akam eshikni ochib yuborib, hovliga tushib bordi va ulkan quroq varraklardan qolishmaydigan, lekin bir-biriga tutash, hammasi ikki yon boshidan tushgan chiziqlaru gir aylanachalar bilan, jimjima yozuvlar ila toʻlgan narsani ocha ketdi. Ular orasida boʻsh halqalar ham, tugamagan chiziqlar ham koʻrinar, bu nimasi — aqlimiz yetmasdi biz gumrohlarning.

Sutchi esa kovshandoz tepasida oʻng qoʻli belida, oʻzi yarim bukchaygancha Olim akamga:
— Ha, torting, ehtiyot boʻlib torting. Quruqshagan narsa bu, yirtilib-netmasin, hiyla koʻtaring, — deb buyurib turardi.

Nihoyat shajaraning boshi ham chiqdi. Uning avvali akamning qoʻlida, adog‘i menda edi. Olim akam hovli oʻrtasida, barra piyozmi, bir narsa sepilgan gulxonaning bir chekkasida majhul alpozda turibdi. Hayratining adog‘i yoʻq. Men esam, ikki taxmon oʻrtasidagi tokchaga tiralib, qoʻlimizda salqi matodek lopillab turgan narsaga, uning bir-biriga ulanib ketgan halqalariyu bitiklariga qadalgancha qolganman. Qarab turib, vahm bosib kelyapti: shular bari — pushtimizdan oʻtganlar ekanmi? Kelib-kelib endi bizga qadalibdimi? Biz ham shulardek yoʻqlikka qarab ketguvchilar, oʻtib bitguvchilarmizmi?

Shajaraning adog‘idagi boʻsh qog‘ozni ushlab turgan qoʻllarimdan bir g‘alati jimirlov-titroq turib kelyapti: shu yoʻqlikka ketish uchun chopib-uloqib... yelib-yugurib yuribmizmi? Bu dunyoga kelishmizdan murod nima ediyu nimalarga bino qoʻyib yuribmiz? Maqsad shu shajarani toʻldirish — halqani davom ettirish xolosmi yo oʻtganlarga tenglashish, bir qarich-toʻrt enlik boʻlsa-da ulardan ilgarilash, bu hayoti dunyoga kelib-ketuvning ma’nosini anglashmi? Nega kelib-ket- moqdamiz — shuni anglab yetmoqmi? Oʻzi oʻtganlarning tirnog‘iga arzirmikanmiz? Nogohon shu savoldan — titrablar ketdim. Qulog‘im ham tom bitgan ekan, ochilib — atrof-javonib, dunyoning turfa ovozlaridan shang‘illab ketdi!
— Hoy, Maqsudxoʻjam — Salompamning yolg‘iz toylari, esingiz og‘masin. Vahm ham bosmasin, — derdi sutchi qoʻlini sermab, meni imlab. — Bu sizlarning shajaramas, necha pushtingiz ham emas. Bu yoqqa keling, men tushuntiray, namatning ustiga tashlab ke-lavering, — derdi u oʻzi kovshandozdagi kavshini ilib, ostonadan bir amallab, shajara qog‘ozga teginmay oʻtishga chog‘lanarkan, menga nimanidir ilinmoqdaydi.

«Tavba, — deyman oʻzimdan oʻzim xavfsirab, — bu bizning shajara qog‘ozimiz boʻlmasa, u bizni nimaga chaqirtirdi? Olim akamni nimaga hovliqtirdi? Nimaga kelib oʻtiribmiz?»

Men borib qariyaning qoʻltig‘idan olgunimcha, oʻzi ostonadan oʻtib, zinaga tushib bordi. Keyin akamning oldiga qarab yurdik. Chol oʻzida yoʻq darajada ochilib ketgan, kaftlari-la sarg‘ayinqiragan, shirachu mog‘oru qadim kitoblar hidi oʻtirib qolgan qog‘ozni tekislab, uni oʻpib-tavof qilgudek bir holatda akam tomon oshiqarkan, hammadan burun uning qoʻlidagi — bosh qog‘ozdagi narsani tushuntirmoqqa shoshardi. Sandiqdagi ulug‘ kitoblar orasidan chiqqan bu narsa — Eshon pochcha, u kishining muridlari yomon koʻzlardan asrab, kigizlarga oʻrab berkitgan narsa — bizning shajaramiz boʻlmasa, nima ekan? Nimaga azizlab yashirishdi ekan? Soʻragim kelib, tilimning uchida turibdi, lekin cholning haybatimi, nimasi bosib, tashimga chiqara olmayotirman. Uning mana shu oʻngdan chapga qarab oʻqiladigan, ochqichi hammaga ham nasib etavermaydigan yotiq harflarni ham oʻqiy olishidan, eskichaga katta olim ekanidan hayiqibmi, tortinib turibman. Uning oldida menday muxbir odamning ham tili tushovlanib qolgan edi. Ammo akam mendan oldinroq oʻziga kelib ulgurgan ekan:
— Ajab gapni aytdiz-ku, taqsir? — dedi endi u ham qariyaning shunchaki tarjimon emas, katta olim ekanini tan ola boshlab.
— Ajablanmang, boʻtam. Bu undan ulug‘roq narsa, — dedi chol qosh qoqib. Uning qoshlari oʻsib dikkaya borganini va unga-da oq oralaganini yaqqol koʻrdim.
— Uzr, biz oʻzimizga tegishli deb... — dedi Olim akam u yog‘ini ayta olmay.
— Balki narigi sandiqdan u ham chiqib qolar. Lekin bu... undanam ulug‘ narsa: silsilai sharif! — dedi chol oʻrta barmog‘ini koʻkka allatovur nuqib. — Tushundiz?!.

Olim akam yelka qisib, bosh toʻlg‘adi va xijolatga botib dedi:
— Biz omilar nima — sharif, nima — ulug‘ — qaydan bilaylik! Sizdan eshitib turibmiz.
— Eshitib, koʻrib turganiz — shuning oʻzi katta davlat. Bilmay oʻtayotganlar qancha, g‘ofil yurganlar qancha. Shukr qilinglar Ollohgaki, koʻrsatibdi, bildiribdi. Balki Sizu bizni toʻzitib qoʻygani, oʻrnimizga tamomi boshqa qavm kelib vatan tutayotgani, yolg‘iz mozorotlarimiz ustidan-da yoʻllar tushib, unda-bunda mana bunday xazinalar, hikmat kitoblari chiqib qolayotgani bejizmasdir. Oʻziga yarasha hikmati bordir bularning ham, — dedi chol va xayoli bir yoqlarga qochib borayotganidan oʻzi ham ta’sirlanib, bosh toʻlg‘ab qoʻydi-da, maqsadga koʻchdi. — Ha, darvoqe, mana bu ulug‘ halqada kim turganini bilarmisiz? Albatta, bilmagaysiz. Yaqinroq kelinglar, — deb u mening tirsagimdan tutib, oʻzi tomon tortib qoʻydi. Chindan silsilai sharif deb atalmish narsaning boshlanishi ajoyib edi: oʻrtada katta halqa, undan toʻrt yoqqa toʻrt chiziq chiqib, toʻrt halqaga borib tutashgan, goʻyo oʻrtadagi tengsiz quyoshu chor tarafida toʻrt toʻlin oy undan nur olib turgandek edi. Usiz bular hechdek, u bilan tirikdek edi. Ana shu ikki chekkadagi halqalardan ikki yonga qarab, chiziqlaru halqalar tushib borgan va behisob halqalarga ulanib ketgan edi. Bu nimasi, yolg‘iz sutchi bilmasa, biz angrayib turar- dik. Xuddi gung-soqovdek, Ollohning omi bandalaridek...
— Hammasi mana shu zotdan boshlanadi. U Ollohning soʻnggi rasuli va elchisi, bizning payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdurlar. Bular choryorlari, bunisi Hazrat Ali kuyovlari, bunisi Abu Bakr qaynotalaridir. Bu tarafdagilar u kishidan tarqagan zoti shariflar, bunisi esa Hazrat Ali karramallohu vajhahu zuryodlaridan chiqqan ulamoi shariflar, avliyolardir. Shu bois silsilai sharif atalgay. Oʻsha asri saodatdan buyon shu ulug‘ shajaradan oʻtgan kubro zotlar, valiylar, karamli shariflar kiritilgan ekan bu silsilaga. Ne baxtki, unda men oʻzim koʻrgan bir zotning tabarruk nomlarini ham topdim, oʻqidim. U kishi bu silsilaning soʻnggi halqalarini toʻldirib turibdilar, vallohi a’lam. U zot Sizning padari buzrukvoringiz Abdurahim eshon pochcham erurlar, ukam, — dedi u ovozi allatovur oʻzgarib kelib, ham koʻzlari bir g‘alati tusga kirib. Aftidan sutchining koʻzlarida yosh halqalanib borar, qiyiq koʻzi yoxud kipriklari qilt etsayoq u tomchiga aylanib, duv toʻkilgudek edi.
— Yo rabbiy, — dedi akam oʻzini tamom unutib, — shunday ekanmi?! Bor ekanlarmi?! Qani, qaerida, bir koʻrsating, ustoz. Biz gumrohlar-da koʻrib qoʻyaylik, bilib qoʻyaylik, — deya iltijo etishga tushdi, oʻzi ixtiyorsiz ravishda shajara qog‘ozni-da oʻrashga, cholga qoʻshilib oʻsha halqani topishga oshiqardi.

Chol ham mutaassir bir holda:
— Ha, oʻrang. Oʻraganda ham ehtiyotlab oʻrang: bunaqasi har kuni topilavermaydi, — deb tayinlar, bizga oʻxshab shoshib qolgan edi. — Balki olimlarda-da yoʻqdir bunday toʻlig‘i, barcha valiylar terib kiritilgani. Ha, ha, u kishi quyi tomonda, soʻnggi qog‘oz, soʻnggi halqalarda bitilganlar. Maqsudxoʻjam, siz ham qarashib yubora qoling, eshikkami, bir narsalarga, ilashib-netmay qoʻya qolsin. Ayagan koʻzga choʻp tushganday, shuncha asralgan narsa yirtilib-netmasin.

Nihoyat oʻrab-oʻrab, oʻsha halqaga yetdilar. Sutchi (xotirasi zoʻr ekan) aytgan halqani bir qarashdayoq tanib, «mana, u kishim» deb ushlab oldi va qarangki, halqa ichidagi yozuvni binoyi oʻqiy ketdi:
— Abdurahim xoʻja qozi Abdurazzoq eshon oʻg‘illari, ming ikki yuz yetmish sakkiz hijriyda tavallud topmishlar, mudarris, qozikalon, Beshog‘och dahasi.

Olim akam ham, men ham sutchiga yalt etib qaradik. Nom oʻsha, nisb oʻsha edi-yu, mavze oʻzgacha edi!
— Beshog‘och? — dedi akam qaddini shajara qog‘ozdan koʻtarib. — Qanaqasiga?
— Shunaqasiga, — dedi qariya ham miyig‘ida sirli kulib, keyin hujjatning qolganini ham oʻrashni buyurib, xontaxta yoniga — boya oʻtirib yengil fotiha qilgan joyiga qarab yurdi. — Oʻzingga shukr, koʻrsatgan kunlaringga, bildirgan hikmatlaringga shukr, — degancha oyoqlarini yozib oʻtirgachgina javobga og‘iz juftladi:
— Hayron qoluvingiz tabiiy. Siz asli tagi — kelib chiquvingiz Qoratoshdan ekanini, zamonning zayli bilan Yakkabog‘ga chiqib qolganingizni qaerdan bilasiz. Siz koʻz ochib oʻsha qoʻrg‘onni qoʻrgansiz, oʻsha yerda tug‘ilgansizlar. Gʻarib esa, bu tarixning bir chekkasini eshon pochchamni Sibiriyadan ola kelaturganimda, Tangritog‘ga oʻtkazib qoʻymasimizdan burunroq oʻzlaridan eshitganman. Umrlarining soʻnggida sanga u kishini koʻrish, jilla qursa, xizmatlarini qilish nasib etgan boʻlsa, aytmabdilar-da? — dedi kutilmaganda u akamni sensirashga tushib va uning tosh qotib turuvidanmi, nimadan shubhaga borib.

Chindan hayron qolarli edi: oyog‘idan oʻt chaqnab, belida kuch qaynagan kezlari qay dargohlarda ishlab, ne mamlakatlarni kezib chiqqan, paydar-pay topshiriqlarni koʻrdim demagan, kerak boʻlsa, oʻlimlarga tikka borgan, sarhadlardan ne nomlarda, ne qiyofalarda oʻtib yurgan odam... qarib pensaga chiqqach, til oʻgirguvchilikni ham qoʻyib bizning tomonlarga kelib qolishi, birovning tashqarisida turib, sutchilik qilib yurishi, halol peshona teri — oqlikdan qolgani bilan umrguzaronlik qilishi, bularga oʻxshab urug‘-aymoqlarini izlab qolmasligi g‘alati edi. Mana endi bilsa, kitob jinnisi ekan. Sutchilikni ham qoʻyib, buzilayotgan qoʻrg‘onlardan (kimning tomidan, kimning urib yuborilgan tokchasi orasidan) chiqqan qadim kitoblarni yig‘ib yurgan ekan. Shunaqqib bir uy kitob yig‘ib qoʻyibdi. Ustiga ustak yoʻlga tushgan qayrag‘ochli yolg‘iz mozordan chiqqan sandiqlar daragini eshitib, quruvchilarni yeng uchida xursand etib, hammasini oʻz uyiga tashitib olibdi. Mana endi bittalab saralab, roʻyxatga olib oʻtiribdi. Yana uning orasidan chiqqan mana bunday narsalarni sharhlab oʻtirishi, egalarini topib xabar berishi qiziq edi. U kim? Olimmi, darveshmi yo esini yegan chol? Shunchaki umr oʻtkarargami bu ishlari yo jiddiy? Hamma eshon pochcha kabilarning nomini atashdan hayiqib yurgan mahalda u nima qilibdi? Sibiriyadan olib kelib, Tangritog‘ga oʻtkazib qoʻyganmish. Qay yurak bilan u shu ishni qildiyu qaysi jur’at bilan mana bu silsilai shariflarni topib, yig‘ib yuribdi? Joni nechta bu cholning — bilolmasdim. Olim akamday odamga qanday ishonib bu gaplarni aytmoqda? U axir sotib qoʻyishi ham mumkin-ku?..

Yo men oʻlgudek vahimachiman, yo laqmaman.

Sutchi chol bizga qarab miyig‘ida kulimsirab oʻtirar, Olim akam esa, esi og‘ib, silsilai sharifning boyagi halqasiga tikilib qolgan edi. Men uning koʻzlarida yosh koʻrsamgina uning sofligiga, pokligiga, ilgarigi yoʻllardan qaytganiga ishonmoqchiday unga tikilardim-u, nimagadir oʻsha yoshni, halqa-halqa yosh bosgan koʻzni koʻra olmasdim, tavba.

Bu qoʻtir dunyo, bu serg‘alva, hech narsaga arzimas hayot uni shunchalar soʻqir qilib qoʻygan ekanmi?!. Yo men, yo u — ikkimizdan birimiz adashuvda edik. Chol esa, goʻyo keksa hakam edi.

Hojim Nimaga Intiq? (yoxud muallifga ayon tarixlar davomi)

Yenglari tirsakka qadar shimarilib, ariq boʻyiga choʻnqaygan Mirzaxoʻja hojimning xayoli qirg‘oqdagi maysalaru sambitgullarning oqish-ipiltiriq ildizchalarini oʻpib oʻynoqlagan suv ham qolib, tamomi boʻlak narsaga qochgan edi.

Suvdan ham tog‘-toshlardagi muz-qorlarningmi, quyun-izg‘irinlarningmi zahri kelib turgandek, ufurmoqdadek. Lekin hojim buni sezmasdi. Qolaversa, qachondan buyon oftobda turgan joʻmragi turna boʻynidan-da uzun obdastasini ham unutgan. Tomlaru nokzorni oshib oʻtib, bog‘ adog‘idagi devor sarxokiga mingashgancha qolgan g‘arib quyoshdan... (g‘arib ham deyish mahol, niyatiga-da yetganidan yal-yal yonmoqda balki!) koʻz uzolmaydi. Bunga sari koʻzlari yoshlanib-yoshlanib keladi, quyosh ham chaplashib, ming boʻlakka boʻlinib ketayotir.

Hatto osmonda qanot qoqqan qushlar-da koʻzlagan manzillariga yeta olgaylar: sarhad osha bilgaylar. (Albatta, Ollohning izni bilan). Hatto tog‘larda suv ichgan bulutlar-da, pastga enib vodiylarga suza bilgaylar: sarhad osha olgaylar. (Albatta, Ollohning izni bilan: shamolga buyurilmasa, shamol haydamasa, qayoqqa ham bora olgaylar?!)

Hatto oʻsha koʻhna quyosh-da oʻz nizomidan chiqmay sarhad osha biladi, u diyorlarga yeta oladi. Albatta, Ollohning izni bilan...

«Bizda asr vaqti tugab, shom tushmoqda. Ularda-chi? Choshgohdan oʻtib, peshinga yetgandir?.. Bir vaqtning oʻzida ular ham, biz ham kundan vaqtning hisobini olmoqdamiz. Lekin qani dardu hasratlarimizni aytolsak, bildirolsak. Biz ularga, ular bizga. U yoqlar tinchroqdir deb qaerdanam joʻnatdilar uni? Oʻzimizning musofirligimiz yetmasmidi? Qizimizni-da, otalar yurtida musofir qilmasak? Holi nima kechdi ekan?...»

Qariyaning ichi sidirilib, oʻksig‘i boʻg‘ziga keldi. Koʻksining allaqaeri achishar edi.

Nogahon kafti obdastaning iliq bandiga tegib, ariq boʻyiga nima uchun choʻnqaygani yodiga tushdiyu oʻzidan oʻzi uyalib xijolatlandi: darvoqe, noshukr-lik nechun? Hammasini Oʻzi koʻrib-bilib turibdi-ku. Hammasi imtihon-ku? Bandasining sabrini sinamoq-ku!

Har galgidek shahid xalifaning farzandi arjumandlariga vasiyati yodiga tushdi: «...Tahoratni chiroyluv-chiroyluv qilib, kamoliga yetkazing. zero, namoz tahoratda». Shunday kezda nimalarga chalg‘iganidan uyaldi (Uyalganda ham oʻzining holini koʻrib-bilib turgan zotdan uyaldi). Va shu xijolatpazlikdan qutulmoq qasdida ham bismilloh ila kaftiga suv oldi. Oʻzidan ham koʻhnaroq (mushtdek qorinchasiga yarim kosa suv ketib-ketmaydigan, boʻynidan joʻmragi uzunroq) obdastadan oftob taftini emgan jonbaxsh suv tushib, vujudiga tasvirlab boʻlmas bir huzurmi, nimadir yugurdi! Beixtiyor:
— Oʻzingga shukr, shu kun, shu soatlarga yetkazganingga, yurgizib-turgizib, oʻzingga boʻyin qoʻydirib qoʻyganingga, shularning barchasining fahmiga yetkazib, kerakli amallaringga andarmon etib qoʻyganingga shukr, — deya tili duo-shukronada ekan, tahorat amallarini kamoliga yetkazib ado etishdan oʻzi huzur ola boshladi.

Chindan ajoyib. Buncha huzur qaydan? Ixtimat ila kaftiga olgan suvdanmi va yo uning bilagi boʻylab chopqillashidan? Balki oftob taftini emgan ajoyib suv koʻkishtob tomirlariyu tagidanoq sarg‘imtil tus ola boshlagan etlarini oʻpishidan kelmoqdadur?

Rostdan ham oʻsha bilaklarini oʻpib-poklab kelaturgan suv... tirsagiga yetganda yana baholi-qudrat jamlanib soʻng ariqdagi oʻynoqi suvga sakramoqda edi. Goʻyo gunohlari ham oʻsha tomchilar yanglig‘ oqub ketmoqda ekanlar, u qushday yengil tortib bormoqda edi.
— Gʻaq! — Tashqi hovlidan uchib chiqqan ola hakka oʻrtadagi devorga qoʻnar-qoʻnmas shuvillab sarxok toʻkildiyu u oʻtakasi yorilib, boqqami-qayoqqa uchib keta boshladi. Uning uzun qaychi dumiyu chiroyli ola qanotlaridanam burun boʻynidagi toʻtiyoga moyil qora barxat «halqasi» ajoyib edi. Kechki quyosh nurida gavhardayinmi, allaqanday tovlanar edi. U shu hurkib uchib ketuvida ham nimadandir imdod berib, sayrab borar edi.

Hojimning nazarida hatto shu shaqildoq olahakka ham oʻzi zag‘izg‘on atalmish yurtlarni esga solib, kelmoq bor-u, ketmoq yoʻqmi, ketganlardan kim xabar olgay, demoqchi boʻlar edi. Chindan unga nimadir boʻlmoqda: yo Yodgormurod nevarasining daragini eshitgandan beri oʻzida yoʻq ichikib bormoqda, yo boʻlmasa, bu nimadandir imdod-belgi. Ishqilib, mohpora-Mahfuzaginasi sog‘-omon boʻlsin.

U yuz-qoʻllarini artib, belbog‘ini yelkasiga tashlarkan, oʻshal yurtdan dovon oshib kelib, hozirda oyoqyozdi tariqasida jindek mizg‘ib ketgan aziz mehmonlarini esladi. Axir hazilmi, kimsan nevaraginasining akachasi, bir hovlida oʻynab katta boʻlayturgan toy bola — Akbaralini ola kelishibdi! Bag‘riga bosib, boshlarini silay-silay, boʻylarini hidlay-hidlay esi ketdi. Danagidan mag‘zi shirin degandek tomirining tomirchasi — nevarasining hidlarini tuygandek bir yerlarga yetdi! Endi oʻzini bir rov koʻrsa, koʻrib oʻlsa, armoni yoʻq edi. Axir oʻzlari judo boʻlgan diyor — ota yurtda ulardan ham bir urug‘ paydo boʻpti-ku! Iloy, tup qoʻyib, palak yozsin! Oʻzlaridan koʻpayib, u diyorlarda ham chiroqlarini yoqib oʻtirishsin.Iloy, to qiyomatga qadar shajaralarini bardavom etdirishsin. Bir kalima-bir kalima boʻlsa-da, Qur’on oʻqib, or-qalaridan savob yuborib turishsin.

Ishqilib Olloh mohporasini qoʻshgani bilan qoʻsha qaritsin. Botur kuyovining ham u diyorga yoʻllarini ocha qolsin, mushkullarini oson eta qolsin.

Zag‘izg‘on behuda sayrab oʻtmagan ekan, bog‘ devoriga mingashgan kun uning ortiga choʻkib ulgarmay (uning bir chekkasi qon talashgan koʻzdek qizarib turar edi, tavba!) tashqi darvozada birov chaqirdi.
— Boy buva? Hoy, kim bor?

Hojimning yuragi bir orziqib tushdi. Nazarida kelguvchi bejiz eshik qoqmayotgandek, bir mujda ila darvoza tagida turgandek edi. Yo uning fe’li shunday nozuk, yo botin koʻzi bor: ba’zi narsalar oldindan belgi berib qolgay. Mana hozir ham darvoza tagida turgan odam... oʻsha botin koʻziga avvalo otliq boʻlib, qolaversa, tog‘-tosh oshib kelgan safar kishisi boʻ-lib koʻrinmoqda edi. Nega — oʻzi tushuntirib berolmasdi.
— Labbay-yov, mana, boraturmizov, — deb tashqariga shoshilgan eshik og‘asi hechqancha oʻtmay qaytib, qarshisida qoʻl qovushtirdi.
— Duoi-salom ekan, hoji buvo, — ellikni qoralab, yoshi bir yerga yetganda shu tashqarida uy-joy, bola-chaqa qilib, roʻshnolik topgan bu odam sadoqatda tenggi yoʻq edi. Sidqidillikda hech kim uning oldiga tusholmasdi.
— Xushvaqt boʻlg‘ay, kimdan deding? — Mirzaxoʻja boyning xayoli salom egasiga qochdi: kim boʻluvi mumkin?

Qay pushtidadir qozoqlar bilan tutashib, yana ajrashib ketgan eshik og‘a ikki gapning birida «hov-hov»lab, ba’zan «oy-bay»lab qoʻyardi. U soʻrashni-da unutganidan azza-bazza xijolat chekib, egildi. Kepchik yuzi chechak toshgan kabi qizarib-boʻzardi va rostiga koʻchdi:
— Faromush etibmang‘oʻy...
— Mehmon-chi? — dedi boy hushyor tortib, — Opkirmadingmi? Non-choy qilardinglar, qutlug‘ uydan quruq qaytmasdi.
— Unamadig‘oʻy, taqsir. Shoshib turgan ekang‘oʻy.
— Esiz, — dedi qarigan sari kichkina tortib, chuvaklashib boraturgan boy, boshini saraklatib, — avvalo nasiba qoʻshmagan, lekin Alimat uka, bizning eshikka kelgan odam... esingda boʻlsin, quruq qaytmasligi kerak, barokat koʻtarilgay, bilding.

Alimat ikki bukildi:
— Xoʻp boʻlg‘ay, oʻtag‘asi.
— Keyin kelgan odam yaxshi surishtirilg‘ay: kim, qayoqdan, qay tomon boradir.

Alimat bosh koʻtarmay oʻsha soʻzini-da qaytardi:
— Xoʻp boʻlg‘ay, oʻtag‘asi.
— Sizlarga unamasa, tushunarli birovni chaqirmak lozim.
— Kechirg‘aysiz, boy buvo. Qaytarilmag‘ay, Siz ayt-g‘ancha boʻlg‘ay.
— Xoʻsh, nima ekan deding? — Mirzaxoʻja hoji endi uning egilgan sari koʻksidan qorniga tushib borgan qoʻllariga qaradi, oʻsha qornida chirmashgan qoʻllarida bir narsaning soʻrg‘ichlangan uchiyu shokilali ipi koʻrinardi.
— Mana, oʻtag‘asi.

U och jigarrang kepak qog‘ozga joylanib, soʻrg‘ichlangan maktub ekan. Albatta, shoʻrolar qoʻlida qolgan ota yurtdan. Boshqa yoqniki boʻlsa, oxonjomasiyu qopchiqlari zoʻr boʻlgich edi, yilt yangi boʻlib, yiltiragich edi. Bu kepak qog‘ozda edi.

Lekin kepak qog‘ozda boʻlsa-da, hojining koʻzlariga olovdek koʻrindi. Qog‘ozidan tortib, soʻrg‘ich ustiga urilgan muhru boshlama krill yozuvlariga dovur... Har kuni kelavuribdimi bunday maktublar?!. Kimdan ekan?

Yalt etib, shu qish boshida Ahmadbek hojimnikida berilgan ziyofat, shu ziyofatda tanishtirishgan qilichdek adlu rayhondek xushroʻy yigit yodiga tushdi. Safedxonada tarjumon ekan. Tilining shirinligi, muomalasining goʻzalligini ayting. Oʻzining koʻrkamligi-chi, qiz bola boʻlib tug‘uluviga-da bir bahya qolgandek. Shu yigit Ahmadbek hojimning avlodi boʻlib, baland doiradagi har turli qabulu kuzatuvlarda qatnashar, ba’zi xorij safarlariga-da olib ketishar ekan. Uning birovga aytolmaydigan dardidan xabardor Ahmadbek hojim chetga chorlab, qulog‘iga shipshib qoʻydi:
— Shu jiyanchamiz yaqinda ota yurtingizga safargami, bir nimaga borgay. Biroz turgay ham. Agar oʻng‘ay xizmatlar boʻlsa, yoʻq demas...

Voh! Bu nima? Tong-saharlargi nolai iltijolari natijasimi?! Olloh oʻzi kushoyishkor, kushoyishini berishimi?! Qani edi, Mahfuzasining daragini bilib bersa? Yolg‘iz oʻzi nima qildi, qay yerlarga bordiyu qaydan panoh topdi?

Keyin mavridini topib oʻshal suqsurdek yigit — tarjumon jiyanchaga Ahmadbek hojim ikkovlari iltimos etishgan, rizoligini olib, duolar qilishgan edi.

Xayralashar mahal esa:
— Topsangiz bergaysiz manavini, kam-koʻstiga yaratsin, — deb bir hamyoncha tutqazdi. Boʻlagini esa: — mana bu — xarajatlar uchun. Uzoqning ishi, busiz boʻlmagay. Qaytishingizla ma’lum eting. Albatta, shirinkomasi ham boʻlg‘ay, oʻg‘lim, — dedi.

Yigit «qaydam, qaydam»lab zoʻrg‘a oluvdi. Oʻshandanmikan? Mirzaxoʻja hoji shirin umidla maktubning yuziga qarab qoʻydi.

Xatga koʻzi oʻtmay (qarangki, u bitiklar maktub yuzasiga tushib qolgan qora qumursqalardek g‘imirlar-u, jilib ketolmas edi, tavba) yuziga yaqinroq olib kelibgina tanidi. U arab imlosida edi. Shunda-da, baribir ulab ketolmadi. Juda mayda edi yozuvi.

Shundagina eshik og‘asi ariqning u betida yarim egilib, izn kutib turganini koʻrdi va:
— Ey Alimat, necha qayta aytaman, qaddingni g‘oz tut. Moʻmin moʻminga hech mahal yukinmagay, sig‘inmagay.
— Eshitdim, boy buvo. Uzr, boy buvo, — deb u tisarilganicha yana bukilib borar edi.

Mirzaxoʻja hoji uning sodda ham samimiyligidan jilmaydi va shu jilmayib, bir burda yuziga nur yog‘ilgan kuyi buyurdi:
— Qizinggami, ichkaridagilargami ayt. Meni koʻzoynagimni ola chiqsinlar.
— Hozir-da, oʻtag‘asi. Hozir-da, boy buvo, — deya tashqi hovli tomon yoʻrg‘aladi, soʻng ostonadan oʻtmaylayoq oʻshaqda ukasini yerga qoʻyib, oʻzlari sakrong‘ich oʻynayturgan qizlarini chaqirdi, — Oy-bay, hay Xatchayov, chopchi bunda! — Keyin buyurdi. — Ichkariga yugur, Eshonotangni terazalarini olachiq!

Xol olib, qizara boshlagan qora gilos tagidagi yog‘och karavotni holi bilib, oʻsha tomon yura boshlagan Mirzaxoʻja hojim Alimat qozoqning keyingi gapidan jilmayib qoʻyib, otasining betiga angraygancha qolgan qizaloqqa dalda bergan boʻldi:
— Otin buvingga ayt, qizim, xat koʻrar ekanlar de, bilib obberadi.
— Bildim-bildim, aynagiz, — deb qizaloq ichkariga chopqilladi.

Xijolatga botgan Alimat qozoq esa, boʻynini ichiga tortib yelka qisdi:
— Men nima depmang‘oʻy?! Koʻzni terazasi boʻlmay ne ekang‘oʻy?

Necha muddatdan soʻng Mirzaxoʻja hojim kungrador karavotning toʻr tomonida, necha qavat koʻrpachalar ustida yolg‘iz oʻzi ustozini kutgan mullavachchadek xatga tikilgan kuyi qolgan edi.

U birinchi soʻzdanoq mutaassirlanib, boʻg‘ziga issiq bir narsa qadalgan, koʻngli buzilib ketgan edi. Peshonasiga dovur jimirlayturgan bir mutaassirlikni zoʻr-bazoʻr yengib, koʻzlari soʻzlar ketidan chopishda davom etar edilar:

«Hurmatluv va izzatluv Mirzaxoʻja hoji otamizga yetub ma’lum boʻlsunkim, kamina qandaydir bir shirinkomalar ilinjuda emas, bil’aks, Hoji tog‘amiznikida bergan lafzimiz ustidan chiqmoq qasdida iltimosingizni uddalamoq va u jigarporangiz Mahfuza bonuni izlab topmoq, jilla qursa, daragini bilmoq uchun koʻ-oʻp urindum. Bu yerga bizning diyor Tangritog‘dan koʻchib kelmish kishilarning mahallalariga oʻtib, xabarlar yuborib, koʻ-oʻp tonuqli kishilar orqali ul musofirginani izlatib koʻrdum. Daragi uchun xarajatni ayamadum. Topilsa, shirinkomalar borligini-da e’lon ettum.

Hoji buva, ma’zur tutgaysiz. Sizni judayam quvonturadigan xabarlar topilmadi. Avvalisiga bir umidlu izlar topganday boʻlib edum. Sarhaddan oʻtolmay qolgan kuyavingizning mehribondan mehribon xolalari bor ekan. Avval oʻshalarnikiga tushib, oʻshatlarda turgan ekan. Soʻng u yerdan ham bosh olib chiqib ketgancha qaytmabdi. Hanuz izini topisholmaydur.

Lekin ular topisholmagan Mahfuza kelinni (Sizning jigarporangizmi-boshqami, aniqlaganimcha yoʻq!) izini men topgandayman. Shunday otliq musofir kelinchak eski shaharda turar ekan, shifoxonaga tushib qolgan degan xabarlar topdik axiyri. Ammo borib surishtirilsa, boʻlak odam boʻlib chiqdu. Bir oyog‘i oqma boʻlib yotgan, uni-da kesmakka hozirlay turgan ekan-lar — qoʻymadilar oldiga. Nomi ham boʻlak — Maz-lumami, Marg‘ubami ekan. Noumid shayton. Yana surishtirmoqdalar. Qaytgunimcha biron xabar topsam, albatta, omonatingizniyu duoi salomlaringizni jigarporangizga yetkazgayman, inshaalloh. Topolmasam, ma’zur koʻrgaysiz, Hoji buvajon. Mening qaytar vaqtimga oz qolmoqda.

Jigarporangizni Alloh oʻzi hifzu himoyasida asrasin va Siz ila bu dunyadayaq koʻrishtirmoqni nasib etgan boʻlsin, ilohim.

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokotuh.

Addoi Yoqubbegingiz.
1968 yil, navroʻzi. Toshkandi azim».

— Nasib etsin, ilohum, qiyomatga qoldirmasun. — U shivirlab iltijo qilarkan, kirtaygan koʻzlaridan shashqator yosh dumalab, quvalashgancha qay biri moʻylabi tagidan sizib lablari orasida yoʻqolar-da — qolar, qay birlari chuvak yuzining boʻrtig‘idan toʻg‘ridan-toʻg‘ri oq soqoliga sakrab, undan nimchasi oldiga yumalar, uni nam etib bormakda edi.

Uning yarasi yangilangan, mana, nechanchidir marta ich-ichidan tuganmas bir oʻksik bosib kelib, oʻkramakka yaqin qolgan, ammo oʻkray olmas (axir u oʻkrasa — boshqalar nima qiladi, boʻzlaydimi?! Boʻzlamakka yoʻl ochsinmi?!), bunga sari yum-yum yig‘lar, yig‘layverib shishib borar, shishib borgani sari oʻzi kichkina tortib ketmakda edi.

Chunki u oʻzidan oʻtganini oʻzi bilardi. Bu ishda yolg‘iz oʻzi aybdor edi.

Ha-ha, oʻzidan oʻtdi. Bir haftalik kelinchakni eriga topshirib qoʻya qolmay eldan burun bir ishonchluv kishiga qoʻshib, ota yurtga joʻnatmakka shoshdi. Bu notinch diyorda bir kor-hol boʻlishidan koʻra oʻsha yoqni avlo koʻrdi, tinchroq bildi. Kuyavi oʻtolmay qoluvi tushiga kirish tugul, oʻylab ham koʻrmagan edi. Oʻsha oʻylamagani oldiga kelib turibdi. Endi dodini kimga aytsin?! Nolai afg‘onini kim eshitsun?! Qaerdan ham oʻsha Botur ularning qoʻrg‘onini qora tortib keldi? Shul yertoʻlada jon saqladi? Kirmasa, saqlamasa, shu koʻrgiliklar yoʻqmidi? Ne qilsin, Allohning xohlashi, yozmishi shu boʻlsa? Peshonasi shu qadar shoʻr ekan- mu?

Oʻzing kechir, ey buyuk egam. Hammasini Oʻzing koʻrib-bilib turibsan. Ne hol roʻy bergan boʻlsa, Oʻzing voqifsan. Biz gumrohlar neni ham bilgaymiz? Hikmating ne — qaydan anglab yetayluk! Faqat qizimizga-da yaxshilik sog‘inub topgan gunohlarimizni mag‘firat etsang, bas, kechirsang, bas. Uni-da shar’iy nikohidagi bandangga yetkazib, qovushtirsang, xotirjamliklar ato etsang, bas. Bizga bundan ortiq inoyatlaring na kerak, karaming na kerak!

U birdan bir lahza, bir soniya ichida vujudida allaqanday tinch-sokinlikka monand xotirjamlik tu-yib, xushyor tortib qoldi.
— Darvoqe, Mazluma dedimi, Marg‘uba dedimi? U shifoxonaga tushgan musofirginani? Birovning zaifasi, yaqin-yuqunlarining yoʻlini kutib yotgan mushfiqani? Anuv mehmon bola — dovon oshib kelgan toychoq bilsa kerak, tanisa kerak axir uni? Kasalvandligi, shifoxonalarda yotishinimi, nimani gapirayotib edi-ku?

Chaqirtirmakka sabri chidamay karavotdan tushib, tashqi hovliga, undan yoʻlakay ovoz berib mehmonxonaga dovur yetib bordi:
— Hoy, toy bola, mehmon bolam, qaydasan, menga qara?
— Shu yerdaman, boy buva, — deb kemshiktoy — Akbarali chopqillab tushib kela boshladi.
— Shoshma, ehtiyot boʻl. Qoqilib-netib yurma. Senga gapim bor, xolos.
— Mana, keldim, — dedi bolakay quchog‘iga iymanib kirib.
— Ayt-chi, boʻtam, — dedi bolaning kuraklarini silab-siypalab, — sen bilgan Yodgortoyning ayasi... qaerda deb eding? Nima bilan og‘rigan, deb eding?

Saritoy uni bir og‘iz gapidanoq tushundi:
— Anuv oq mashinada bannisaga olib ketishgan edi.
— Nega oq moshin? U qanday moshina?— dedi qariya allaqanday vahima bosib kela boshlab. Qay bir sezgilari u oʻsha boʻlsa-chi, mohporamiz boʻlsa-chi, derdi.
— Gʻizillagan mashinami, oʻzi kasal olib ketadigan-da, — dedi Saritoy.
— Chaqirishib edimi? — dedi qariya uni sal tushuna boshlab.
— Tog‘am chaqirtirib edilar.
— Shunaqa og‘irmidi kasali? Nima boʻlgan edi? — Qariyaning oʻzi titray boshlagan edi. Lekin titragan qoʻllari bilan-da bolaning kuraklarini silashdan toʻxtamasdi.

Bola boʻynini qisdi:
— Bilmasam...

Hali xorijdan kelgan mujda xat ta’siridan qutulmagan qariya tusmollashga tushgan edi:
— Ancha boʻlib edimi, koʻpdan yotarmidi?
— Koʻpdan edi, — dedi mehmon bola birdan unga qoʻshilib. — Yodgor sog‘iniblar ketgandi.

Qariyaning ojiz yuragimi — nima, titramoqqa boshlagan edi:
— Oyoqqinasiga-chi, nima boʻlib edi, boʻtam?
— Kimni?— deb durustdan tushunolmadi Saritoy.
— Oʻsha opoqingni-da. Yodgorni ayasini? — dedi qariya kalavaning uchini topgandek boʻlib.

Bola koʻzini yumib eslashga urindi va sakrab-oʻynoqladi:
— Toʻg‘ri-toʻg‘ri, bir yara chiqqan ekan. Opoqbuvim koʻzyara deb edilar. Keyin oqadi ekanmi?
— Subhanalloh, — deb shivirladi qariya koʻzlarini yumgancha, yaxshiyam mehmon bolani quchog‘idan qoʻymay turgani, orqasiga ketsa, nima tutib qolardi. Soʻng oʻzini oʻnglab, oʻrnidan turdi. Eshik kesakisiga orqa qilib, uni oʻziga tortdi:
— Oti-chi, oti, nima edi? Eslay bilasanmi, boʻtam?
— Kimni... oti? — anglay olmadi bolakay. — Kimni aytasiz?
— Oʻsha... Yodgortoyni ayasini-da? Marg‘ubamidi, Mahfuza edimi? — deya oldi qariya.

Bola chindan bilmasmidi, boyagidek yelka qisib, jim qolgan, bilmaganidan oʻzi xijolatga tusha boshlagan edi.

Qariya tin olib, nafas rostladi: savolni bu gal boshqacharoq qildi:
— Esla, bolam, uni qanday chorlashur edi? Masalan, oʻsha opoqbuving? — deya yana kuraklarini silay boshladi.

U esladi:
— Ha, kunposhshamu, oyposhsham derdilar.
— Yana? Yana-chi, qanday atardilar?
— Yana Marg‘u kelinim — mangu kelinib derdilar. Nima edi, buva?

Eshik kesakisiga suyanib turgan buva esa bu vaqt holsizlana-holsizlana pastlab bormoqda, boʻyi bolakayning boʻyiga tenglashib kelmoqda edi.

Soʻnggida u eshik kesakisiga suyangancha oʻtirib qola qoldi...

Ertasiga Mirzaxoʻja hoji ular bilan joʻnarini e’lon etdi.

Silsiladagi Oq Halqa (yoxud dorussalom)

Biz shajara qog‘ozni yana oʻziday etib, (men tekislab turar, akam oʻziga tortib — nay etib) oʻrar ekanmiz, (uning g‘ilofidan chiqib qolgan bir enlikkina qismi — oftob urgandek sarg‘arib ketgan edi) ana shundan mening vahmim kelib, vujudimni tushunuksiz bir majhul kayfiyat oʻrab kelar edi: nima bu — oʻtmish qa’riga ketgan zamon nusximi yo havoning ishi? Axir nur tushgan emas-ku unga, oftob urgan-da desak? Ochiq qolgan qismigagina yetgan. Demak, biz istaymizmi-yoʻqmi, hamma narsa sarg‘arib, unniqib, chirib-toʻkilib, yemirilib boravuradi. Titilib, toʻkilib tushaveradi. Boqiy qoladigan narsa yoʻq. Narsa borki, zax tortib quriydi. Qurib qovjiraydi, qovjirab sarg‘aradi, sarg‘arib yupqalashadi, yupqalashib toʻkiladi. Va yoʻqlikka ketadi. Xuddi uydan chakka oʻtganidek, qadrli-qimmatli narsalarga nam tepchib, zax urib, mog‘or bosib, alohal chirib tushgani kabi, kuni bitgani kabi... Bu olamda boqiy nima bor? Hatto shajara qog‘ozdan allatovur bir hid ufurmoqda edi. Xuddi qipiq hidiga oʻxshash... Bular ham zamonlar kechishi bilan qipiqqa, qipiqdan boʻlgan narsa yana qipiqqa aylanib borayotgandek...

Meni ana shunaqa mubham kayfiyat bosib kelmoqdaydi, undan oʻzimni olib qocholmasdim, chalg‘itolmasdim. Nimaga — tushuna olmasdim. Aftidan yo xayollarimni zamon qa’riga olib qochgan mana bu shajara qog‘oz, yo anavi eshigi qiya ochiq hujradan ufurib chiqayotgan mog‘or aralash eski kitoblar hidi meni bu holga solmoqdaydi. Necha yil tuproq ostida yotgan kitoblarmi va yo uning egalarining taqdirimi xayolimni oʻg‘irlab, band etgan edilar.

Sutchi (darvoqe, u hamma koʻchib, guzardan putur ketib, obkash yelkalashni bas qila boshlagan, endi uni sutchi deb emas, kitob jinnisi deb atash toʻg‘riroq edi), ishqilib chol:
— Men hozir, — deganicha oʻsha hech yerga ishonmaydigan kitoblari taxlangan hujraga kirib ketdiyu, yana nimani izlab qoldi — bilmadim, chiqa qolmas edi. Mendan ham kamgap boʻlib qolgan Olim akam esa, oʻraydiganini tezroq oʻray qolmas, xuddi shajara qog‘ozdagi yozuvlardan bir narsa tushunadigandek ora-oradagi bir joylariga tikilib turib qolmoqdaydi. Xat taniydi shekilli deb... zehn solsam, yoʻq, nuqul boʻsh — oq halqalarini sanamoqda.

Darvoqe, u nimasi? Nega boʻsh qoldirilgan? Sutchidan nega soʻramadik? Soʻrasak boʻlarmidi...

Atay oʻramni boʻshatdim, u tubi ila taqir namatni oʻpib, uzala tushdi. Akam sezib yuzimga qaradi. Menga ham shu kerak edi:
— Nimasini sanayapsiz? — dedim.

Olim akam (jiyan tog‘aga tortadi degani haq rost ekan!) Qoʻldosh tog‘amlarga oʻxshab, labini yoyib, sassiz kuldi. Uni «obbo sen-ey, shuniyam nazardan qochirmadingmi, uzoqqa borasan sen, uzoqqa» deganday ham, «aqling yetmagan narsaga burningni tiqmasang kimni koʻngli qoluvdi» deb ham tushunish mumkin edi. Ammo tog‘am hech maynaomuz kulmasdilar. Bunikida ham... yoʻqday, ishqilib tikilib turib ham sezmadim.
— Qiziq, — dedi u yelka qisib ham ovozini bir qadar pastlatib, — bular hammasi oʻtgan zamonning oʻtib ketgan ulug‘lari boʻlsa, oʻzi ham bundan ellik yil burun toʻldirilgan boʻlsa, yonidagi boʻsh oʻrinlar nimaga ekan? Shunisi g‘alati.
— Nimani aytasiz, anuv ochiq halqalarnimi? — dedim men ham yutoqib Ajab, fikrimiz bir yerdan chiqayotib edi? Nima, ular — unutib qoldirilgan zotlarmi yo kelajakda chiqadiganlari?.. Shu tob hovlining etagidami va yo undan ham naridami (narisi — devorning orti anhor, anhorning ortida chivig‘iga ham birov tegmagan lager bor edi!) haqquqush sayrab, unga boshqasi boshqa tomondan — Qozoqmozor deb ataluvchi qayrag‘ochzordan javob qila boshladi. Kuppa-kunduzi quyuq daraxtlarning qay bir shoxidadir (albatta, in qoʻyib, uya qurgan joylariga yaqin bir yerda oʻtirvolib) roz aytishlari, bir-birlarini chaqirib-chorlashlari g‘alati edi. Odatda ular kechalari allamahalga dovur chorlab, kechaning siriga sir qoʻshguvchi edilar. Bular esa, vaqt hisobini adashtirib qoʻygandek kuppa-kunduzi qoʻshiluv-koʻpayuv oyatini tilovat etishar edi. Balki hamdu sanolari, tasbehotlari shundaydir. Harqalay hozir bularning bir-birlarini qoʻmsab chaqiruvlari, chorlab-zorlanishlari, «sen qayda, men bunda»lashlari, kuppa-kunduzi qaro tunda adashgan jigargoʻshalar singari ovoz berishlari menga yoqib tushmoqda edi.

Ammo, manavi diyoridan adashgan akalarim nega bir-birlarini izlamaydilar, chorlab chaqirmaydilar? Shu zabonsiz qushlarki, bir-birlarisiz turolmay oʻz tillarida zori-nola qilganda nega ular jim, dunyoni ostin-ustun qilib boʻlsa-da, bir-birini zor-intizor izlamaydilar? Yo buning yuzi shuvit, kechirilmas gunohlari bormiki?... Balki biz bilmaydigan narsalarni ham bilar — shuning uchun jimdir?..
— Sen nima deb oʻylaysan?
— Nimani? — dedim daf’atan anglab yetmay.

U endi tog‘amlarga oʻxshab beozor, (nega beozor, meni xuddi erkalagandek) miyig‘ida kuldi:
— Mashi boʻsh qolgan joylarni-da?
— Keyin chiqadigan zotlarga atab qoldirilgan, deysizmi?

Olim akamning koʻzlari chaqnab ketdi:
— Voh, balosan-ku! — deb yubordi. — Topding-a! Mening nazarimda ham shunday! Atay qoldirishganov.

Yuragim dukurlab ketdi, oʻzimning fikrimdan oʻzim qoʻrqib ketgan edim:
— Bashorat qilib-a?

Esim teskari boʻlib borayotir edi. Chindan ham unday zotlar otilib-netib, badarg‘ayu surgun qilinib boʻlgan kezda qay bir tupkaning tagidan anqoning urug‘ini topsa mumkindir-u, bularni topish amri mahol kunda — bu g‘alati edi! Aql bovar qilmas gap og‘zimning bir chetidan chiqib ketgan, endi oʻzimning vahmim kelib, peshonamni sovuq ter bosib bormoqda edi! Ularning oʻzi qanday toʻzib yuribdi-ku, men bashorat qilib qayoqdagi gapni gapiryapman?.. Balki manavi eski turish-turmushi, bola-chaqasidan kechib, yakka-yolg‘iz yashayotgan, hukumatga oʻtkazib qoʻygan xizmatlari ham qolib, obkash koʻtarib, sutchilik qilib yurgan, oʻzini ibodatgayu eski kitoblarga urgan kishidan soʻrab boqish kerakdir. U kishi bilar haqiqatini?..
— Menam shundaymi, deb oʻylayman. Ilgarigilar koʻp narsa bilishgan. «Bashorat» kitoblarini oʻqishgan. Biz nima bilamiz, — dedi Olim akam tan berib va asta boyagi ishida davom etib. Qoʻlimizdagi qog‘oz shildirab oʻralar va shu barobar dimog‘imizga mog‘or aralash moziy hidi ufurayotgandek boʻlaverardi.
— Harqalay soʻrab boqish kerak, — dedim men boyagi bilag‘onligimdan xijolat chekib.
— Ustozdanmi? — dedi u.

Men sergak tortdim: bu odam unga qanaqasiga ustoz boʻlsin? Yo ilgaridan biladimikan?

Men bir qarorga kelib ulgurmay hujradan sutchining oʻzi chiqib kela boshladi. Uning qoʻlida naycha qilib oʻralib, ikki tomonidan qisqich qog‘oz bilan oʻrab-chirmalgan bir narsa bor edi.
— Uzr, sizlarni kuttirib qoʻydim. Qaerga qoʻyganimni faromush etib, ey izlovdim tunov kuniyam. Turgan ekan, Bobur hazratlarining ortlarida, u kishining «Voqeotnomalari»ga esh boʻlib, — dedi sutchi, u «oltin sopli pichog‘i»ni topganidan og‘zi qulog‘ida edi.

Bunisi chinakam shajaramiz ekanmi?! Chindan mening ichim tushib borarkan, Olim akam entikdi:
— Bu ham oʻsha sandiqdanmi, ustoz?

Sutchi muloyim bosh chayqadi:
— Yoʻq, buni manavi mirzom, Maqsudxoʻjaga ilindim. U sultonlar kechmishiyu saltanatlar tarixiga qiziqadi. Bir kun kelib Qodiriyga oʻxshab, biror kitob-mitob yozib qolsa, asqotar, deb olib qoʻyib edim. Shunaqa siyoqi ham bor buning, — deb meni xijolatlarga qoldirdi: azbaroyi ikki yuzimu quloqlarim lov-lov yonardi. Lekin bu gap shu tobning oʻzida bir chekkasi menga moydek yoqib turibdi. Rostini aytsam, choli tushmagur topdi «kasalim»ni. Boshqacha aytsam, mendek «gap oʻg‘risi»ni oʻg‘irlik ustida tutgan edi u. Ikki yuzim choʻg‘ boʻlib yonishi shundan edi.
— Biz esa, bu yoqda Sizdan bir narsa soʻrashga ilhaq boʻlib oʻtiribmiz, — dedi Olim akam hayratlanib.
— Shunaqami? Bilsam jonim bilan, jonu jahonim ila, — deganicha u biz tomon yuraverdi, — shu burhon qog‘ozdanmi? Qoziyu quzzotlar muhri bosilgan narsadan-a?..

Men tilim lol, ammo unisiniyam, bunisiniyam bilgim kelib ichim tushib turibdi, lekin qani og‘iz ocha olsam. Tag‘inam Olim akam dadil ekan:
— Manashi oq halqalarni aytamiz? Nega boʻsh qoldirilgan? Egalarini aniqlay olishmaganmi yokim?..— dedi tusmollab.
— Ha-a, bumi? — dedi qariya, soʻng jiddiy tortib qoʻshdi, — Bunda ortiqcha narsaning oʻzi yoʻq. Hatto kemtigi bor, deb oʻylashga qoʻrqadi odam. Oʻshal boʻsh joylar-da bexosiyat emas. Mening nazarimda qiyomatgacha chiqadigan avliyo zotlar uchun qoldirilgan. Hatto mana, qarang, Eshon pochchamdan keyin ham bitta boʻsh oʻrin turibdi. Demak, sizlarning qay bir pushtingizdan yana bir ulug‘ zot chiqqay. U kim boʻladi, yolg‘iz Alloh bilgay.

Qariya shajara qog‘ozni siypab, koʻziga surtgudek boʻlib gapiryaptiyu nazarimda u biz bilgan oddiy sutchi emas, jandaga oʻxshash jun chakmonga oʻralvolgan darvesh ham emas, juda koʻp narsalarni bilgich olim kabi haybatimi, salobatimi ortib borar, «mana, nega bu odam halimdan halim, nurlidan nurli!» derdim ichimda. Hatto shu narsalarni bildi-ya! Bu atrofda unga teng keladirgan kim bor?

Bunga sari savol xaltam ochilay-ochilib ketay deb boryapti. Oʻzimni zoʻrg‘a tiyib turibman.

Axiyri chiday olmay soʻradim:
— Bunday avliyolar... har yuz yilda bir chiqqaymi?

Qariya ajablanganini yashirmay men tomon oʻgirildi:
— Nimaga asoslanib... aytayapsiz, eshon bola?

Men g‘udranib qoldim:
— Shunday gaplar yuradi-ku, axir.
— Yuradi-yuradi, — dedi u bosh silkib. — Qolaversa, Allohning va’dasi bor: vaqti-vaqti bilan oʻz dinini yangulab, quvvatlantirib turguvchi kishilar yuborib turilgay. Har qavmning oʻz ichidan.
— Payg‘ambarlarmi? — dedim men hayron qolib. Negaki...

Qariya yumshoq jilmaydi:
— Bilasiz ekan. Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan keyin payg‘ambar kelishi toʻxtagan boʻl- sa-da, valiylar silsilasi to qiyomatga qadar uzulmagay.
— Qanday? — dedim aqlimga sig‘dirolmay, — axir borlari ham...
— Ha, borlari ham otib bitirildi, badarg‘a etib yoʻqotildi, lekin, — deb sekin oʻz oʻrniga — boyagi fotiha qilgan joyiga qarab yuraverdi, — lekin bu asrdagina shunday boʻldi, baloning qattig‘i oʻshalarga tushdi. Bu ham Allohning xohlashi, imtihoni. Lekin bu ular qirilib bitdi, orqasi kesak degani emas. Poshsholik poshshosiz qolmaganidek, bu silsila ham bardavom etavergay.
— Qanday? — Men hamon tushunib yetolmasdim.
— Juda oson, — dedi sutchi oʻz oʻrniga choʻkib.
— Alloh Muhammad alayhissalomning ruhi- poklari bilan barcha ummatlarini tanishtirganida kimning koʻzi ul zotning muborak koʻkraklariga tushgan boʻlsa, olim, ulamo, kimning koʻzi boshlariga tushgan boʻlsa, saltanatdor — podsho boʻlgan, — qariya mayindan-mayin ham muloyim jilmaydi, — mana, sizning koʻzingiz ul zoti sharifning oʻng qoʻl barmoqlariga tushganki, kotib-mirzo, qalam egasi boʻlib turibsiz. Shunga oʻxshab, hamma ham bir narsaga ega boʻlgan oʻsha taqdirul azalda. Avliyolar sirasi ham uzulmasligi shundan.

Men nihoyatda hayratda edim. Soʻramoqchi boʻlgan narsamni cheki-chegarasi yoʻq, ammo oʻzim lolman. Boʻlmasa, soʻrasam yana soʻragudekman: nega hamma muborak boshlariyu koʻkraklariga qaramagan? Betavfiq oʻg‘ri-kazzoblar-chi? Ularning ruhi qayoqqa qaragan? Osongina dindan qaytguvchi munofiqlar-chi? Qotillar-chi, jallodlar-chi? U zotga qaramaganmi? Bilgim keladiki, u yog‘i yoʻq.

Bu orada akam silsilai sharifni oʻrab, jildiga ham joylab ulgurgan, biz oʻz-oʻzidan ilgarigi joyimizni egallab, qariyaning og‘ziga tikilgan edik. Hammadan ham men uning horg‘in, biroz qoni qochgan, ammo tag-tagidan yoqimtoy bir nur tepchib turgan betidan, oʻziga yarashiqli mayda ajinlar bosgan qaboqlariyu qisiq koʻzlaridan nigohimni uza olmasdim.
— Shuning uchun ham har kim poshsho boʻlavermas, har kuni avliyo tug‘ilavermas, boʻtam, — dedi u qoʻlidagi qog‘ozni deraza tokchasining bir chetiga qoʻyib. Demak, hali-beri berish niyati yoʻq. Qancha pisandayu nasihatlar bilan tutqazsa kerak qaytayotganimizda. Hoziroq bera qolsa nima qipti, ichimni tushirmay? Ammo mehmonmiz, oʻz izzatimizni bilishimiz kerak. Men Olim akam boʻlsamki, tilyog‘lamaliklar bilan boʻlsa-da, ichim qurigan narsani soʻrab olsam. Men unaqamasman, tortinchoqning tortinchog‘iman. Mendan muxbir chiqishi ham dargumon, yana kim biladi. Axir Lavhul-Mahfuzda bitilgani boʻladi emish-ku.

Qolaversa, men Olim akamning qozon-tovoqqa unnagani chiqishini kutib yotibman. Yolg‘iz qolsam, oʻzim bilardim, sutchi amakidan nimalarni soʻrashni: Siz bu akamni qaydan bilasiz? Faqat otalari — Eshon buvani tanirmidingiz yokim ilgaridan salom-aligingiz bormi? Nega ustoz deyapti? Bir idorada ishlaganmisizlar? U bir qancha yil bedarak ketib, qancha mamlakatlarda «oʻynab kelgani»ni, hozir chulchut xotinidan qochib, soʻqqabosh yashab yurganini-chi, bilasizmi? Oʻziz-chi, oʻziz? Shuncha ilmingiz, xizmatlaringiz bilan nega hamma qatori yuribsiz? Nega qariganingizda birovning tashqisida turib, sutchilik qilyapsiz? Tarki dunyo qilgan odamlardek? Axir issig‘ingiz bor, sovug‘ingiz, (issiq jon!) yotib-netib qolishingiz bor?

Soʻrayversam — soʻraydiganlarim adoqsiz. Lekin Olim akamning oldida tilim tushovliq — miq etib og‘iz ocholmayapman. Undan istihola qilganimdanmas, yoʻq, ba’zan unga ishonmay, shubhalarga tushib ketaman: koʻzimga ilgarigi Olim akamdan ham quvroq, undan oʻn chandon oʻtadiganroq boʻlib koʻrinib ketadi. Nega shunaqa — oʻzim tushunolmayman. Yana bir qarasang bib-binoyi — hammaning ustida oʻlib-qutiladigan odam boʻlib qoladi. Mana, hozir ham:
— Aytmoqchi, ustoz, oshni xarajatini qip kelgandik, goʻshtni ari talamasidan qozonga olov yoqvora qolay-a? Palovxontoʻradan keyin suhbatizzi olarmiz, maylimi? — deb qoldi.
— Iya, hali shunaqami? Sizlarning sharofatingiz bilan qora qoʻchqorning yog‘ida boʻlgan palov yerkanmiz-da? Nasib-nasib. Savzi-taxtayu pichoqlarni olishvoray unda, — dedi sutchi oʻrnidan turishga unnalib.
— Yoʻq-yoʻq, siz urinmang, oʻzim topib olaman. Faqat muxbir-mirzongiz oloviga qarashvorsa, bas, — dedi akam bejirim tufligini kiya-kiya.

Men noiloj qoʻzg‘ola boshlab edim, qariya bilagim ustiga yumshoq kaftini qoʻyib, «Siz boshlay turing, hozir chiqadi mirzom», deb qutqarib qoldi. Boshim osmonda, qaytib choʻkdim. Akam esa, «yaxshi-yaxshi»lab chiqdi.

Sutchi hali bilagimni qoʻyib yubormagan, men esam u momiqdayin narsaning xush taftidan bolakayday erib borar edim. Qariya oʻzini yana ham yaqin olib, bilagimni asta-asta silarkan, koʻzlarimga tikilib qolgan edi. Nihoyat, akamni uzoqlatib:
— Oʻbba, Maqsudxoʻja mirzom-ey, shunaqqib Far-g‘onalardan koʻchib kelib oldinglarmi, — deb qoldi. — Bir chiroyli ish boʻpti, oʻz yutlarizga qaytib olganiz. Salompam bardam-baquvvatginamilar? Uylarni bitirib, joylashib ketdinglarmi? Qizchalarimiz, kelin qalaylar?

Men javob berib ulgurmasdim:
— Toʻng‘ichimizning tili chiqib, keyingisi yurib ketdi. Oyim oʻshalarminan andarmonlar. Oʻtiribmiz: boshimizda boshpanamiz bor, qora qozonimiz qaynab turibdi, shukr.
— Barakalla, obkash koʻtarib, sutchilik qilib, oqliqni orqasidan oʻqitgan edilar. Ilohim, oʻsha zahmatlarning rohatini ham koʻrsinlar. Tup qoʻyib, palak yoyingu shu mirzolikda qoqilmay-suqilmay Allohning roziligini toping, — deb duo qila ketdi, soʻng hech kutilmaganda:
— Aytmoqchi, soʻrayman deyman, soʻray olmayman,— deb qoldi, — buning akasidan — anuv yoqlarda qolgan qarindoshingiz — kim edi, oʻshandan darak bormi?

Ha-a, mana, nimaga olib qolgan ekan?! Yuragim dukirlab:
— Sultonmurod akamni... aytasizmi? — dedim vujudimga bir titroq tushib.

Qariya im qoqdi:
— U shoʻttamish degan gaplar yuribdi?
— Yuribdi, lekin oʻzimas. Quruq mish-mishlarga oʻxshaydi, — dedim bosh chayqab. Ammo Chaman akam uni izlab ketganicha badar ketib borayotganini aytib boʻ-larmidi!
— Ketganlar kelib boʻldi-ku?
— Chegaradan oʻtolmagan. Oʻtolsa, kennoyimni tashlab qoʻymasdi bunday, — dedim. Oʻzim ham hayronman. Mulohazalarim oʻqday-oʻqday edi, qariyadan yotsiramay aytib yuborayotgan edim.

Ammo kaftining ustidagi koʻk ipakdek tomirlarini siypab, xayolga berilib ketgan sutchi shoshmas, maqsadini ocha qolmas, bunga sari mening gumonu taxminlarim toshib borar, uning dilidagini oʻzim sug‘urib olgim kelaverardi.
— Nimaga edi, amaki?

Qariya oʻziga kelib, iymanibgina qaradi:
— Harna qilsa, eshon buvani koʻrib qolganmiz, suhbatlarini olganmiz. Shunday odamning bolalari toʻzib yursa, achinadi-da, kishi.
— Nimasini aytasiz.
— Ular toʻzigani toʻzigan, bular qoʻnim topa qolsa boʻlardi. Arvohlarini shod etib.
— Qoʻyisharmikan shunga?

Sutchi tushunib, yuzimga qarab qoʻydi:
— Lekin bu dunyoda kishi oʻzini oʻtga-choʻqqa urib yuraverishi ham yaxshi emas. Murosai madora ham lozim.

Men tok urgandek bir sapchib tushdim: akam boʻladi-ku, shu gapga koʻnarkanmi?! Nusrat pochchaning gaplarini olmagan, bu gapni olarkanmi?!

Biroq tilim hech aylana qolmasdi. Bunday qarasa, hamma gaplari toʻg‘ri. Lekin akam — akam-da! Hamma u boʻla olsin-chi!
— Men uni bilaman-ku, — dedim.

Qariya xotirjam orqasiga suyandi. Koʻzlarimga oʻsha-oʻsha nasihatomuz (xuddi men — men emas, akamday! Meni akam oʻrniga qoʻyib!) muloyim boqdi: goʻyo men koʻnsam, u ham koʻnib qoladigandek:
— Menam bularga azbaroyi yaxshilik sog‘inganimdan aytayotibman. Avvalo, oʻzi biladi, lekin qachon Allohning xohlaganimas, bandasining aytgani boʻlibdi? Uning kitobiga suyanmagan odam hamisha dog‘da qolavergan.
— Qanday? — deb yuboribman.
— Hamma narsa uning kitobida bitig‘liq, — dedi qariya ma’noli jilmayib. — Doʻppisini olib qoʻyib oʻylasin tanasiga. Dunyo — dunyo boʻlgandan beri qancha fir’avnlar oʻtdi, Iskandaru Nushiravonlar ketdi. Nega hech kim adolatli davlat qurolmadi? Xalifaliklar oʻtdi, Andalusiyada Abdurrahmonlar davr surdi, dorulmamlakat qurdik, deb. Lekin nega hech biri asri saodatga oʻxshab kelmadi? Bormi odil hukumat qurib, davron surgan biron kimsa, bu jahon ayvonida? Oʻylab boqmaydimi, darbadar kezguncha, mamlakatma-mamlakat oshguncha? Hijrat uzilgan-ku. Qoʻnim topsa boʻlardi, yoshi ham oʻttizni qoralab borayotgandir, axir?
— Shunday, — dedim men Sutchining (sutchi desam, olim ekan-ku!) koʻzlariga qaray olmay.
— Gap shu, mirzom, — dedi u boshqa e’tirozu gap-soʻzlarga oʻrin qoldirmay. — Ayoli shoʻtta boʻlsa, daragiyam chiqib qolar. Bir bosh suqmay iloji yoʻq. Eshon pochchamning tegirmonga tushsa butun chiqadigan oʻsha oʻg‘illariga ilingan bir narsam bor, — deb deraza tokchasidagi boyagi naycha qilib oʻralgan qog‘ozni ola boshladi. — Daragi chiqishi bilan mana shuni yetkazasiz. Bu mening soʻzlarimmas. Davlat qurgan, qurgandayam qotirib qurgan odam — Hoziq toʻramning «vasi-yat»lari. Xohlasin, nasihat deb qabul qilsin, xohlasin, oʻzidan uch-toʻrt koʻylak koʻp yirtgan odamning xulosai umuri mujohid deb bilsin. Mana, koʻchirib oling-da, yetkazarsiz vaqti bilan.
— Koʻchirib olib? — men hayronu lol qolgan edim. (Boyagi gaplari — kishi koʻziga ekan-da! Olim akamning oldida aytolmagan ekan-da?) Lekin nega oʻzini bera qolmayapti — mana shunisi tushunarsiz edi. Jur’at etib-etmay soʻradim: — Oʻzi-chi, mumkin emasmi?

Sutchi im qoqdi:
— Shunisi ma’qul. — Keyin qoʻshib qoʻydi. — Qolaversa, buni yolg‘iz oʻzizga ishondim. Birov bilmagani ma’qul.
— Xoʻp, xoʻp. Omonatdek ekan.
— Boʻlmasa, men turdim, unga qarashib yubora qolay. Siz koʻchirib boʻlib chiqarsiz. — Sutchi sandalga suyanib turdi-da, kovshandozga tushib, oyog‘iga bir nima ila boshladi, soʻng Hizr nusxi urgan chollar kabi ma-yin jilmayib qoʻyib, qoʻlining orqasini beliga tashlab, enkaygancha ostonaga qarab yuraverdi. Men esam titrab-qaqshab naychaxatni ochishga unnalardim. Ne umidla ochsam... qay koʻz bilan koʻrayki (mana, nechanchidir marta!) oʻsha oʻngdan chapga boshlanadigan alif, lom, mimli xat. Zammayu kasrayu fatxalaridan, dumaloq sukunlaridan koʻzim tinib ketdi. Bu belgilarni taniganim bilan men boyaqish koshki oʻsha belgilarni harakatlantirolsam, ochqichini topolsam.

Mana, nechanchidir marta ichim sidirilib, oʻzimdan oʻtganini oʻzim bilib turibman. Oʻsha narsa ichimdagi necha yillik armonlarni qoʻzg‘ab, uni alamgami, alam qorishiq yig‘igami aylantirib, tomog‘imni g‘ip boʻg‘ganicha boʻg‘zimga qadalib olgan edi. Na qaytib ketadi, na toshib, otilib chiqa oladi. Chiqsa, yengil tortarmidim. Tag‘in men ziyoliman! Oldi mirzo, maqtovli bitikchiman! Holim esa bu! Otalarimiz xatini oʻqiy olmasam! Nechanchidir marta tarjimon izlashga majbur boʻlsam. Aytishga-da, uyalasan. Oʻrnimdan turarimni ham, sutchiga aytarimni ham bilmasdim. Shunday narsa qoʻlga tushganda bunday oʻtirishim... alamli, ham ayanchli edi. Oʻzimni nochordan nochor his etib ketdim. Va shu tob... bir nima qitirlab, derazaning bir tavaqasi ochila boshladiyu Sutchi koʻrindi:
— Aytmoqchi, mirzom, tokchada qog‘oz bor, — degan joyda yuzimga koʻzi tushib, holu ahvolimni bir koʻrgandayoq fahmlab qayta boshladi. — Ie, ie, uzr-uzr, mirzom. Men qariyani ma’zur tutasiz. Xat eski yozuvimizda-ku. Mendan oʻtibdi. Faromushxotirlik qursin. Aytib tursam ham boʻladi-ku.

U meni bir chekkasi xijolatlarga qoldirib, bir chekkasi boshimni osmonga yetkazib kirib keldiyu boyagi joyiga choʻkib buyira ketdi:
— Anavi tokchada qog‘oz ham, qalam ham bor. Olavering, tortinmang. Qoʻy bersang, arqoni bilan ber, deganlar. Savobi toʻliqroq boʻladi, — deb kuldi. Oʻzi esa naycha qilib oʻralgan qog‘ozni qoʻliga ola boshlagan edi. Uni qarang, shu muomalalardan keyin boyagi alam- armon, xijolatpazliklardan hech nima qolmagan, hammasi koʻtarilib bitgan edi. Men dikka turib, aytilgan narsalarni olib keldim-da, boshladik.

Mana shu Ilhom domla aytib turib, men hovliqibu yuraklarim hapriqib koʻchirib olgan oʻgirma. Asli u kishida qoldi. Oʻzi esa, Hoziq toʻramning qalamlariga mansubmish. Sutchi Maskov uchun oʻgirib bera turib, oʻzi uchun shunigina atay, yomon koʻzlardan yashirib, ming andishayu istihola ila koʻchirib olgan ekan. Vaqti kelib, Sultonmurod akamga ilinibdi. Xudoning xohishini qarang. Goʻyoki, Hoziq toʻram Maskov tergovchilari uchun emas, Sultonmurod akam uchun yozgandeklar. Oʻqing-a, Siz ham...

«Ey bor Xudoyo, endi bu satrlarni yozg‘uvchi g‘arib qulingni kechirgaysan. Rahmon va rahim sifating-la mendan oʻtgan aybu gunohlarni oʻchirgaysan. Majburlik orqasida neki imonimga zid bir ish qilarga toʻg‘ri kelgan boʻlsa, oʻzing shohidu xabardorsan, hammasini dinim uchun, uni kaftimda laxcha choʻg‘dek tutib asramoq uchun qilib erdim. Sening roziligingni topdimmi-yoʻqmi, yolg‘iz oʻzingga ma’lum. Mendan soʻrab-ista-yotgan narsalarini chin-rost holida yozishga majburman. Ular Yerning temir oʻqlari boʻlmish tog‘lar oralig‘idagi bu mamlakatda biz qanday inqilob qilganimizni, shariatga asoslangan va ham zamonaviy moʻminlar davlatini qurganimizni, uning tarixini miridan sirigacha yozib bermakni qistamoqdalar.

Men uni daqiq-daqiqiga qadar, biron narsa qoldirmay, hatto bizni yanchib tashlash uchun tog‘ ortiga kelib tushgan oʻn ming chog‘li yog‘iy lashkarini qanday yengganimizgacha yozib berdim. Albatta, nusrat sen tomondan edi. Ammo ular buni qaydan ham bilsin- lar, qaydan tushunsinlar! Boʻlmasa, bola-baqrasi, ayolu zaifalari bilan toqqa koʻtarilgan xalq har biri bittadan gulxan yoqqan taqdirda ham agar bir ovozdan takbir aytib, sendan nusrat istamasa, jonidan kechib yog‘iy tomon talpinmasa, dushman qocharmidi! Mujohidlar qalbiga nusrat ishtiyoqini solib, dushman yuragiga g‘ulg‘ula yuborgan oʻzingsan-ku, Ollohim. Bu qudratni bular qaydan ham bilsinlar, onglab yetsinlar!

Shunday deyman-u, bu tarixni chinligicha yozib berib, gunohim ustiga gunoh sotib olmayotirmanmi degan-da oʻylarga ham boraman. Bir tur shubhalarga tushib ketaman. Lekin na qilay: kuygan koʻksim shuni tilab1-da turgan boʻlsa?!

Yana chin gaplardan kelar boʻlsam, bu kuygan oʻtlug‘ koʻksumdagi armonlarimni toʻkar boʻlsam, bu munglug‘ koʻnglumdan qoʻzg‘olgan qayg‘ularim qaynar suvdek boʻlib ikki koʻzimdan oqqani turgan esalar-da, endi haq soʻzni aytar paytim keldi. Biz orzulardik. Moʻminlarga saodat asridagidek bir jamiyat qursak, Olloh rizoligini topib yashasak, ibodatlar etsak deb. Birovga og‘irligimiz tushmasa derdik. Biz qoʻshnilarga tegmasak, ular ham bizga tegmasalar, urush-soʻqishlarga aralashmasak, zulmni, zabt etuvlarni esdan chiqarsak, unutsak derdik. Chiroyli amallar bilan, sadaqotlar qilib, savoblar topib oʻtsak, hammani sening qaytarganingdan qaytib, buyurganingni ado etib yashashga rozi qilolsak derdik.

Ammo kalta oʻylagan ekanmiz. (Dovon oshmagimda uchragan u mahluqing bejiz emaskanmi, uning hikmatiga endi tushunib yetmoqdamizmi, evoh!). Yerda jannat yaratmoqchi boʻlibmiz. Endi bilsak, maozoalloh, bandaligimizni, nihoyati ilmi cheklangan qullaring ekanimizni unutibmiz. Bizning mag‘lubiyatimiz tabiiydir.1 Moʻmin banda amirlikka yetganda ham moʻminligicha qololmasligidandir bu. Oʻziga koʻ-oʻp bino qoʻyvorishidandir bu.

Qurdobadagi Abdurrahmonning xalifaligi, mashhur Dorussalom tanazzuli, ne-ne saltanatlarning yemiriluvi nimaning oqibati? Iskandar qayon ketti, Nushiravon nimaga erishdi? Ma’mun nima boʻldiyu Nodirshoh nimaning quliga aylandi?

Hammasi Olloh qonunini unutganlik oqibatidir. Inson qusurli yaratilganini, ilmi cheklanganini unutib qoʻymog‘i oqibatidur. Olloh yaratgan va xalifa etib Yerga tushirgan kishilari uchun u zot tarafidan berilgan shariat qaydayu ilmi cheklangan kishilarning tuzgan qonuni, qurgan jamiyati qayda! Oʻziga oʻxshab cheklangan va qusurli boʻlgay. Undan oʻtib qayga borgay! Biz Ollohning shariatiga asoslanib, jamiyat quramiz, yashaymiz demak-da boʻlganlarga ham mening javobim bitta: Axir Siz oʻzingizni kimga mengzamoqdasiz va kim deb bilmoqdasiz? U qonunlarni hayotga tatbiq etarda adashib ketsangiz-chi? Adashmaslikka kafolatingiz bormi? Jamiy zamonlarda oʻtgan va keladigan bashar ichida eng mahbubi va eng komili Muhammad sollallohu alayhi vasallam boʻlsalar, ul zotga tenglik da’vosini kim qila olgay?.. Hech kim!

Demak, Ollohning qonunidan tashqarida odil jamiyat qurmoq mumkin emasdur. Hammasi qusurli boʻlgay. Negakim butun dunyoning oliy darajali zoʻr olimlari, huquqshunos dono bilgichlari yig‘ilsalar-da, biror bir mamlakat xalqining hojatlarini qondirgudek toʻkis bir qonunnoma ishlab chiqishga-da ojizdurlar.

Insonniki qusurli, Ollohniki bequsur boʻlib qolavergay.

Shundan aytamanki, alohida bir mamlakatda dorul saltanat qurmoq mumkindir, ammo dorussalom yaratmoq mumkin emas, Olloh bu ixtiloflarimizga oʻzi qiyomatda ajri azim chiqargay. Kimni jannatiga yoʻllab, kimni abadiy azobiga tashlab. Ana shu buyuk adolatdur. Bandasi bir umr, to qiyomatga qadar intilgan narsaga u bir og‘iz «kun» degan kalomi ila erishtirgay. Dorussalom — oʻshal jannatdur. Undan beriga ovora boʻlamiz.

Ey bor Xudoyo, bu satrlarni yozg‘uvchi qulingni no-umid qoʻymagaysan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «mendan ke-yin bir zamon kelur... chin olim soʻzini olmagaylar, ulug‘ odamlardan uyalmagaylar, din soʻziga quloq osmagaylar. Mana shundog‘ boʻlib, din-dunyo ishlariga qattiqchilik kelgan kunlarda har qancha qiynalsa ham oʻz dinidan ajramay yurib oʻlgan bir musulmon yuz shahidning savobini topgay. Qiyomatgacha bir toifa ummatim haq yoʻlidan adashmagay», degan soʻzlari bor erdi. Ey bor Xudoyo, shu satrlarni bitmakda boʻlgan g‘arib qulingni-da, uni oʻqigan, ta’sirlanib koʻziga yosh olgan moʻ’min bandalaringni-da habibing Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam haqqi-hurmatlari Haq yoʻlidan toymagan, islom dinida jon bergan oʻshal toifadan qilgaysan. Omin!»

Amirning Oq Roʻmolchasi (yoxud shol aravacha egasi)

— Endi qayon buray, g‘irotni? Buyur, pakana pari, qay tupkaga desang olib borishga tayyorman, — dedi Olim akam Choʻlpon ota guzariga chiqib borarkanmiz. U quling oʻrgilsin, osh damlab Ilhom sutchidek bir xokisor odamning koʻnglini olganidan xursandmi yo u kishi bularning xazinasini topib, asrab-avaylab oʻtirganidanmi — ajratib boʻlmas edi. Va yo oʻzlari oʻrtasidagi mushtaraklik, ikkalalari ham bir sohaning odami, ikkisi ham dunyo koʻrgan, ming chig‘iriqdan oʻtgan, endi esa ikkisi ham soʻqqabosh ekanliklaridanmi, bir og‘iz soʻz, bir qiyo boqish, bir nigoh tashlashdan bir-birlarini tushunishar va shundanmi, bir-birlariga suyanib qolgan kishilarga oʻxshab ketar edilar. Bu uni topganidan, u buning yoʻqlab kelganidan boshlari koʻkka yetgan, hech yerga ishonmas edilar. Qay yerdagi uzoq tarixlarni eslashib, yodlashib toʻymas edilar. Men esam, Olim akamning bu yoʻqlovi, cholni koʻrgani boruvidan chin muddaosining tagiga hali ham yetolmay oʻtiribman. Kitoblar orasidan chiqqan shajara qog‘oz — silsilai sharifning topiluvimi desam, u bu haqda koʻpam surishtirgani, ijikilab, cholni jon-holiga qoʻymay bir nimalarni soʻray ketgani yoʻq. Lekin oʻsha tabarruk qog‘ozda, uning shajara halqalari aro dadasi — Abdurahim eshon buvamning nomlarini koʻrganda koʻzlari g‘ilt yoshga toʻlib, oʻzi bir g‘alati boʻlib ketdi, mutaassirlanganidan qoq namatga tiz choʻkkancha (xuddi kimdir ulug‘ Qur’on oyatlaridan tilovat boshlab yuborganu u tiz bukkancha some qolgan kabi) uzoq jim qoldi. Kim bilsin, qay voqeayu qay davrlarga xayoli qochdi? Balki eshon buvamning vasiyatlari yodiga tushib ketgandir...
— Tortinma, qayga desang qaytish yoʻq, bugun men sening ixtiyoringdaman, — dedi u qaytarib.
— Chindan-a? — dedim ichim yana ham yorishib.
— Boʻlmasa-chi! Gʻirt boʻshman. Salti-savoyman ustiga ustak. Kim meni surishtirsin! — dedi u rulga shapatilab qoʻyib. — Gʻirotni boʻlsa, moyi yetarli. Xohla, Qoʻshilishga surib ketamiz, xohla Achchi qirlariga. Foziltepaga desang — Foziltepaga chiqamiz. Hali u omonmish-ku, — deb qoʻshib qoʻydi u. — Koʻrib qolaylik, ota diyorni — Izzayu Boʻzsuvlarimizni, surilib-netib ketmasidan.
— Qani edi, lekin men, — dedim istihola aralash.
— Lekini bormi, istiholasi bormi?! Aytavur, moʻljallagan yeringni. Men begona boʻlsamki, xijolat tortsang. Qani, qayoqqa? — deb azza-bazza u yelkamga qoqib qoʻydi. Endiyam aytmay koʻr-chi? Toza xafa boʻladi.

Men ertalaboq dilimga tukkan niyatlarim bor edi, oʻshandan og‘iz ochdim.
— Bugun pochchaning tomonlariga oʻtmoqchi, shaharga tushib, bir yerlarga kirib chiqmoqchi edim...
— Qaysi pochcha? Oʻzimizning mutavalli pochchani aytasanmi? Shahardagi?
— Ha, yoʻq. Asad akamlarnikiga, bu yoqqa?..

U hali orqamdan qoʻlini olmagan edi, oʻng yelkamga bir tushirib qoldi:
— Menam kimni aytayotirman, pakana pari! Oʻsha Nusrat pochchanikigami, axir?
— Oʻsha-oʻsha. Lekin ular allaqachon bu yoqqa joy qilib kelishgan, — dedim kulib.
— Bu yog‘ing — qayoq? Shahar hovli-chi? Oʻshoqlaram buzilib bitdi degin?

Men bosh chayqadim:
— U hovlilarni Muhabbat kennoyiga tashlab, oʻz-lari bu yoqdan — Beshqayrag‘ochdan joy qilib kelishgan.
— Qurbaqaoboddan-a?
— Ha, oʻsha, oʻzimiz bilgan — Boʻzsuvning narigi betidagi joydan, — dedim eslarmikin degandek yuziga tikilib (Axir oʻzi qaerdan yoʻqolib edi?! Oʻsha Boʻzsuvning narigi yog‘idagi usti yopiq moshinga bosib olib ketilgancha — qayoqqa g‘oyib boʻlibdi?!) Ustiga-ustak anuv Solining gapi yodimda: kimdir qip-yalan-g‘och qilib chechintirib, kamiga qora balchiqqa boʻyab, tolga bog‘lab ketibdimish. Osmondan tushgan sallotlar esa, chechib...

Qarab turibman: Olim akamning yuziga bir nima jindek soya tashlab, jim qoldi. Aftidan oʻzining ham yodiga oʻshal shom, Achchi tomondanmi, qay goʻrdan qiyomat alomati kabi toshib kelgan koʻkimtir bir tuman, uch qadam narini ham koʻrib boʻlmas bir hol, pochchaning bog‘lari pastlaridagi joylar... tushib, g‘alati tortib ketgandek edi.
— Boramiz, boraveramiz, — dedi u oʻziga kelib, — Oyposhsha xolamizni, u kishini koʻrmaganimga ham ho-ov, qancha boʻldi: boshlari osmonga yetadi, axir.

Qani endi u kishini qora qilib, kimni surishtirib borayotganimni ayta olsam!.. Soʻz oʻz-oʻzidan akamga borib taqalgan, shuncha vaqtdan beri soʻray olmayotgan narsalarimni soʻragim kelardiki... Akamning soʻnggi xatidagi gaplardan og‘iz ochgim bor. Ammo... u bunga imkon ham bermas, oʻzi bu mavzuga yaqin ham kelmasdi. Chetlab qochardi nimagadir...

Rostdan ham u Sultonmurod akamning eski harifi, jazolashga jazolab qoʻyib, keyin uzrini aytolmagan kishisi — Parpi bebaxtni tirik koʻrsa, topib borsak, qay ahvolga tushadikan? Uning keyingi ishlarini bilsa-chi, akamning ayoli Mahfuz kennoyimni deb Akmal oʻrisga, uning anuv erkakshoda jiyani — bir sira koʻtar-koʻtar qilinib dovrug‘i chiqqan soxta qahramonga qilgan hukmlarini eshitsa-chi? Aqliga sig‘dira olarmikan: dunyo shunday qurilganiyu Olloh kimni hidoyat etib, kimni adashuvda qoldirib yuborishini?
— Oqtepadan aylanib borarmiz, hoynahoy? Koʻpruk tushmagandur?
— Oʻshoqdan-oʻshoqdan. Bu yoqdan endi moʻljallashyapti, — dedim men. — Osma koʻpriklar rasmdan chiqyapti endi.
— Semon chiqib, bu yog‘i oson boʻb qoldi-da, — dedi u.
— Besh soʻmga bir moshin beton beradi. Har yog‘ochlar — suv tekin.
— Shunday boʻlmasa, bu qorakoʻz oʻzbek qanday hovli-joy qila olardi, harqalay hukumat g‘amxoʻrlik qipti. Eski bog‘lari oʻrnigayam.

Mening esa, ich-ichimdan bir norozilik, unga qoʻshilib bir g‘ashlik bosib kelardi: ja olihimmatlik qilib yuborishibdi-da? Bergan joylari — biz yoʻqotgan narsalarning urvog‘iga teng kelarmikan? Tongotarlarda Izza chimzorlariga tushib, bir shabboxun urib chiqishimga alishmasdim menga qolsa! Qolaversa, tunda toʻsatga tushishlarimiz, boshqa vaqt Boʻzsuvdan savat qarab yurishlarimiz-chi, toʻyguncha choʻmilishlarimiz, u tepalardan beri kelmaslarimiz-chi? Qay birini endi topa olamiz? Sanay bersa, adog‘i bormi u yoʻqotishlarimizning? Qaysi gunohimizga Xudo uni koʻp koʻrdi desam, toʻg‘riroq boʻlardi...

Men dardi-dunyomni akamga toʻkmay qoʻya qoldim. U Sultonmurod akammidiki, tushunsa! Nima qilsa ham shu hukumatga boʻlishgan — oʻshalarning yonini oladi-da. Aravasiga tushgan qoʻshig‘ini aytmay nima qilardi? Biz esa, alamlarimizni ba’zan «ruxsat etiladigan» tanqidiy chiqishlarimizda olvolamiz. Undan beriga moʻmin-qobil boʻlib yurishdan oʻzga nima choramiz bor? Davlat bamisli ulkan osmon ustuni: unga qarab (kishi bilmas) chirt etkizib tuflash mumkin, xolos. Shunda ham bir chetga... Undan narisiga... qiya boʻlib ketganingni oʻzing sezmay qolasan.
— Faqat sen yoʻlni aytib, buriladigan joylarimizni koʻrsatib tur. Yoʻqsa, adashib ketamiz. Men bu koʻchalarga endi kirishim, — dedi Olim akam axiyri oq uy — ola borgoh boʻla boshlagan uchastka — hovlilardan, ularning keng-keng, mashina sig‘adigan darbozalariyu koʻchaga qaragan peshtoqlaridan koʻz uzmay. — Orzu-havaslari yomonmas-ku, a?
— Yomon emas. Oʻzbek hovli-joy bilan tirik-da, doʻmga alisharmidi tanchasini, — dedim kulib.
— Qarab turasan, ellik yilga borib doʻmam moʻdadan qoladi. Bizzi diyorlarda tuproq tomli paxsa uylardan oʻtaversin. Yozda salqin — qishda jon rohati. Men dunyo koʻrib keldim-ku, hech biri bizning ota uylarga yetmaydi, — dedi u qoʻl silkib va mashina oynasidan chapanilarcha chirt etkazib tupurindi.
— Sizning gapingiz pochchanikidan qolishmaydi!— deb kuldim men.— Oʻzimiz nimadan bino boʻpmiz — hadeb paxsali, somon suvoqli, tuproq tomlardan qochamiz, deydilar u kishi ham.
— Zoʻr aytibdilar. Oʻzlari ham shunday qurdilarmi?
— Boʻlmasa-chi.
— Qotiribdilar. Yuz yil qilt etmay turadi eski uylariga oʻxshab.
— E, u shahardagi uylarmi, Bobur zamonidan qolgan deydilar-ku.
— Ana, men nima dedim?! Otalarimiz bir narsani bilganlarki, shunday qurganlar. Qari bilganini pari bilmas, degan gap kimdan qopti?
— Menam salga pochchaning oldilariga yuguraman, tog‘am qolib, — deb yubordimu tilimni tishladim. Sal qolsa sirni ochay depman.
— Nimaga ular bu yoqqa tushib qolishdi? Qa’ng‘liga boraverishsa, boʻlardi-ku? Hamma-hamma bilan, pochcha toʻpdan ajraganlari qiziq boʻpti.
— Olishga olib, qurishga qurib qoʻyib, endi afsuslanib yurishibdi. Qolaversa, bitta ularmi? Hamma toʻzib ketdi-ku zilzila tufayli.
— Tag‘inam Olloh ayabdi, — dedi Olim akam uzoqdan kelib.

Men unga yalt etib qaradim. U sezdi, lekin oʻsha-oʻsha yoʻldan koʻz uzmay borardi.
— Nega unday deyapsiz?
— Yetti kechayu sakkiz kunduz boʻron yuborsa, yokim ostin-ustun qilib tashlasa bu yerni... kim nima qila olardi? Hoʻv — bir davrlardagidek, Samud, Od qavmlari ustiga kelgan balodek?... — dedi meni hayratda qoldirib.
— Qaysi... qanday gunohlarimiz uchun?
— Keyin tushunasan, an-cha oʻtib, — dedi Olim akam oʻsha-oʻsha — turqi hech oʻzgarmay. Oʻzi bir tushkun desam tushkun emas, allaqanday kamgap bir holga tushib. Men uni hech bu alpoz koʻrmagan edim. Tavba, hayot uni shunchalar oʻzgartirib tashlabdimi? Koʻraverib, u qozondan bu qozonga tushaverib, kim boʻlib qolibdi? Kim aytadi uni hukumatning odami, ishongan tog‘i deb?

Bu orada yangi tushgan tramvaylar aylanib qayta-yotgan joy — Beshqayrag‘och deb atalmish mavzega yetib borib, guzardan oʻtdik. Olim akam menga talmovsirab qaradi:
— Shoʻtmi? Qayoqqa buray?
— Yuravering. Bitta koʻcha oʻtamiz, keyingisida.

Qayrilishdan oʻtib, Olchazor koʻcha bilan soʻritokli darvoza oldiga yetib borsak deng, Hizrni istasak boʻlarkan, eshikdan hassalarini qoʻltiqlariga qisgancha, qoʻllarini arta-arta, pochcha chiqib kelayotirlar. Oyoqlarida oʻsha-oʻsha jun mahsi-kalish (pochcha zahga yoʻqlar, salga ushlab qoladi «boy kasallari»), egnilarida koʻk movut chakmon, boshlarida mosh doʻppi — qayoqqadir otlanganlar chog‘i, munisdan munis, halimdan halim xolam kuzatib chiqyaptilar ekan. Meni koʻrib:
— Ana, aytmovdimmi, Sanobar. Oʻng koʻzim uchyapti deb. Qarang, kim kelyapti?! — deb oʻsha yoqdanoq quchoqlarini ochib kela boshladilar. — Voy, xolang aylansun, nechuk-nechuk, qayoqdan kun chiqib? Sizlarniyam koʻradigan kun borakan-ku.

Men salom berib, yelkamni tutib bordim.
— Orqangdagi kim, Maqsudxoʻja? Kimni boshlab kelyapsan? Qosh-koʻzidan — oʻzimizni urug‘dan shekilli? Olimmi? Eshonpochchamni kenjalarimi, adashmasam? — dedilar pochcha men bilan hali soʻrashishga ulgurmay.

Olim akam qoʻshqoʻllab tavof qilgudek tezlab keldi-da, qoʻllarini oldi:
— Men-men, pochcha. Olimman, tanidiz-a, tavba.
— Sambitday eding, chinordek toʻlishib, oq terakdek boʻy choʻzibsan. Nega tanimay, koʻzing aytib turibdi. Odamning hammayog‘i oʻzgarsa-da, koʻzi oʻzgarmaydi, vallohi a’lam, — dedilar u kishi. Keyin qoʻl olishga qoniqmay bag‘rilariga tortdilar, — Oh-oh, boʻylaringdan, boʻylaringam oʻz jigarimiz ekaningni aytib turibdi. Bormisan? Akangga oʻxshab senam sog‘intirib, bedarak ketding? Kelarkansan-ku. Zora qadamlaring qutlug‘ kelib, Sultonmurodni yoʻllari ham ochila qolsa, — deb alqay ketdilar.

Bu yoqda xolam shoshib qoldilar:
— Voy, aytibam qoʻymabsan, Maqsudxoʻja. Kimni koʻryapman! «Rahmatli opamning yodgorginalari-ku! Kenja toyloqqinalari! Islom tog‘asining oʻzginasi boʻpti-ku. Kel, bolam, chinordek boʻylaringdan oʻzim oʻrgilay. Chiroq yoquvchi boʻlib kelganing rost boʻlsin, xudoy, — deb yalab-yulqay ketdilar.

Pochcha hassani bir-bir tashlab, qayta boshladilar.
— Qani, kela qolinglar. Hoy, kelinposhsha, oʻsha anjirni tagiga joy qila qoling, jiyanlar kepqopti, bizni yoʻqlaguvchilar kepqopti, — deb shu yerdanoq ichkariga ovoz berdilar.

Biz u kishini yoʻldan qaytarganimizdan xijolat boʻlib, taysallashga, bu ahddan qaytarishga tushdik:
— Pochcha, bizning ish shoshqichmas, mayli. Siz yoʻldan qolmang, biz kutaturamiz. — Biz u kishini masjidga chiqayotgan fahmlagan edik.

Ammo u kishi urishib berdilar:
— Maylisi nimasi? Farishtasi bor joyga mehmon keladi. Hammanikiga ham kelsin-chi! Yur-yur. Andishalaringni yig‘ishtir.

Olim akam oʻrtaga tushdi:
— Mashinali joy boʻlsa, obborib kela qolay.
— Gapni kalta qil-da, yuraver. Jilla qursa, fotiha qilaylik. Arvohlar haqqiga tilovot etib, savob yoʻllaylik. Borish qochmaydi.

U kishiga xolam qoʻshildilar.
— Pochchangni endi qaytarolmaysizlar, kiravering-lar.

Anjir tagi deganlari hovli boʻlib, shapaloqdek-shapaloqdek barg yozgan anjirlari endi boʻy choʻzib kelayotgan, uyning soyasi ham oʻsha yerga yetib qolgan, pastak yog‘och karavot qoʻyilgan sarishtagina joy ekan. Uch yog‘iga kalta-kalta koʻrpachalar yozilgan, oʻrtada bir qulochgina xontaxta turibdi. Biram sarishta, fayzliki, bunaqasini boshqa biron yerdan topish amri mahol. Biz joylashishimiz ila oq dasturxon yozilib, yap-yangi sochiqlar qoʻyildi. Pochcha duoga qul ochdilar. U kishi koʻzlarini yumib olib, oʻtganlarni xotirlab, duo qilyaptilaru qaydandir allaqanday iforli hid taralib, mening aqlu hushimni oʻg‘irlab boryapti. Yoʻq, ohorli dasturxon hidimas. U boya — yozilgan chog‘idayoq gurkiragan edi. Bu boʻlakcha, boʻladi-ku, nimtatir bir muattar hid — oʻshanaqa edi. Xuddi chopib-uloqib boraturib, anjir tagidan engashib oʻtib ketgandagidaqa, uning barglariga urilsangizoq oʻsha yeringizdan necha vaqtgacha gurkirab kelib turadigan hid. Oyim uni jannat isi deydilar. Oʻzi ham jannatdan tushgan daraxtmish-da.

Oʻrtada bir piyola choy aylanib-aylanmay (unga- cha pochcha bir dunyoning narsasini soʻrab tashladilar, soʻng choʻzib), xoʻ-oʻsh degancha gapning indallosiga koʻchdilar.
— Xoʻ-oʻsh, ochig‘ini aytsam, men bularga bir narsani ilinib turibman, Sanobar, — dedilar u kishi.

Biz tushunib-tushunmay bir-birimizga alangladik.
— Gapni ja uzoqdan boshlaysiz-da, Sanobar. Opkirdizmi, endi xap oʻtiring. Kelin qozonga unnayap-ti. Bularam har kuni keb yuribdimi? Borasiz-da oʻsha... — dedilar xolam qoʻl silkib.

Endi biz gap nimadaligini tushunib qolib, pochchaning yonlariga kirib, ot qoʻshishdik:
— Bizdan hech xijolat chekmang, oʻz uyimizdek gap. Oborib qoʻyish boʻlsa, tashlabam kelamiz.

Pochcha unamadilar:
— Yoʻq-yoʻq, gapimga chuchunmandinglar. Men oʻsha joyga Sizlarning ham nasibangiz qoʻshilganmikan, deb turibman. Keyin: zab boribmizmi, Xudo yetkazibdi-da, deb yurasizlar.
— Unda, ketdik, nimaga qarab turibmiz? — dedi Olim akam qoʻzg‘ola boshlab.
— Boshlang, hamonki, ilinibsiz, — dedim men qoʻlimni ochib.

U kishi dasturxonga yengil fotiha qilarkanlar, xolam bay-baylab qoldilar:
— Faqat, borasizlaru qaytasizlar. Oʻshanaqasi javob bervorsangiz koʻrasiz-a, Sanobar?
— Oʻlibman-da juda!— dedilar u kishi qoʻzg‘ola-yotib.
— Qaytamiz-qaytamiz. Qaytmay qayoqqa boramiz,— deb va’da berdik biz.

Pochcha menga jilmayib, sirli-sirli qarab qoʻyardilar-u, qayoqqa boryapmiz, nimani ilindilar — ayta qolmasdilar. Yo boʻlmasa, akamdan yashirsalar, menga shipshib qoʻymasdilar. U kishining shunaqa ichdan pishgan quvliklari bor. Oxiri xursand boʻladigan beozor shumlik desayam boʻlavuradi. Hozir bizni ana shunday «avrab» bir yoqqa boshlab ketayotgan edilar. Qayoqqa — topib ol!

Boradigan yerimiz uzoqdamaskan, tramvay yoʻlidan oʻtib, ikkita koʻcha nariga burildikmi-yoʻqmi, yetibmiz.

Darvozaxonasining oldiga tom baravar qilib, temir ishkom yasatgan, ishkom bag‘azlariyu belbog‘larini bir xil kumushrangga boʻyatgan (ammo toki hali oʻtkazib ulgurilmagan) oq uy — ola borgoh uchastka oldida ustol-ustul, kutib oluvchilar koʻrinardi. Bola-baqra yoʻqligidan toʻy emas, ehson shekilli.
— Ana shoʻtga mukallifmiz, Xudo xohlasa, — dedilar pochcha va (qaerdan shamol tegibdi?!) kaftlari bilan qaytarmoqchidek toʻsib, chuchkirib qoʻydilar — «Yarhakamulloh» — deya tushishga urina boshlab edilar, men g‘irot eshigini ochib, qoʻltiqlaridan olishga shoshildim.

U kishi suyaklari yoʻg‘on, ilgarigi zamonning odamlaridek basavlat edilar. Koʻk movut chakmonlari sal moʻlroq tikilganmi, u kishini undanam savlatli koʻrsatardi.

Men-ku tirsaklaridan tutib borayapman, notanish joy — Olim akam qovusholmay orqada qola boshlab edi, pochcha tanbehnamo qarab qistadilar:
— Yur, yur, nega imillaysan? Uyalma, seni kuyov qilmaydilar. U yoshdan oʻtgansan.— Soʻng u yoqdagilarga eshitdirmay tayinladilar. — Meni qora tortib, kirib boravuringlar, keyin xursand boʻlasizlar.— Ikki qadam yurib, yana qoʻshib qoʻydilar.— Agar meni ichkariga qistab qolishsa, biron yerga joylashishni koʻzlayveringlar. Begonasirab yurmanglar. Qaerga keb qolganlaringizni hali bilasizlar. Bir hayron qoling-lar.

Ana, xolos. Hammadan kutsam ham pochchadan kutmovdim, qanday quvlik yo shumlikni boshlabdilar ekan, hech tagiga yetolmasdim. Aksiga yurib, bironta tanish odam koʻrinmaydi. Toʻg‘rirog‘i, hammasining istarasi issiq, yuzi tanish-ku, falonchi, deb aytolmayapman.

Bu orada ular tavozela «keling-keling»lab qolishdi. Kim salom berdi. Kim yoʻl boshladi. Yoʻlakdagi xizmatchilar gurra qoʻzg‘olishib, assalomga shoshilishdi. Bu hammasi pochchaning hurmatlariga edi. Men esa koʻpchilikning salobati bosib, birortalarining yuziga tayinli qarolmayman. Olim akam ham qoʻli koʻksida, «aytilmagan joyga — yoʻnilmagan tayoqdek» hech qovusholmay, turtinib-surtinib kirib kelyapti. Hammaga bir salom berib, tavoze qilayotgandek-u, tanisa oʻlsin agar.
— Ey-y, kelsinlar, mutavalli, kelsinlar. Ayvonga olinglar, ayvonga, — deb qolishdi odam olib turgan ishboshilar.

Birpasda kimlardir kelib, ikki qoʻltiqlariga kirib, u kishini kalishlar rasamadi bilan toʻg‘rilab-terilgan zinapoyadan oldi oynavand peshayvonga olib kirib ketdilar. Ular kirib borishgan sari bu yoqdagilar istiqbollariga turib joy boʻshatishar, qoʻltiqlaridan olgan kishilar esa, qoʻyarda-qoʻymay toʻrga — sallaliyu rangorang chakmonli qariyalar oʻtirgan joyga yetaklashar edi. Bunga sari pochcha:
— Hoy, azizlar, hoy-hoy-hoy, bu nima qilganlariz? Hammani bezovta etib? Hamma joy — bir joy-da, — deb oyoq tirardilar, xijolat tortardilar. U yoqdagilar ham chaqirib qoʻyishmas:
— Opkeling mutavallini, joylarini bilib oʻtirsinlar, — deb kulishardi.

Soʻng oʻtirib, duo qilib tinchishdi va tavozula sekin-sekin soʻrasha ketishdi. Yog‘ tushsa yalagudek hovlidagi soʻrilar tagiga ham joy qilib yuborishgan ekan, bizni ham oʻsha toʻpga qoʻshib oʻtkazishdi. Men-ku hali hech kimni tanib ulgurganimcha yoʻq, faqat zinaning tagidagi antiqa shol aravachadan koʻzimni uzolmay turibman. Egasini qaerga joylashtirishibdi, u boʻm-boʻsh edi. Bu orada roʻparamizda oʻtirgan — bir koʻziga oq tushgan, chechak yuzli odam kutilmaganda Olim akamni tanib:
— Iya, Osmon, oʻzingmisan? Voy tikka tashlar-e, borakansan-ku! — deb qoldi.

Buyam tanidi:
— Isroil, sanmisan? Shatda turasizlarmi? Uni qa-ra-ya, — deb ikkalalari oʻtirgan yerlarida kaftlarini qoʻshqoʻllab changallab, koʻrisha ketdilar. Oʻrnilaridan turib quchoqlasha ketishga istihola qilib, bir-birlarining qoʻllarini qoʻyib yuborishmas, peshonalarini peshonalariga tiragudek munkayib olgan edilar.
— Koʻrishgan joyimizni qara-ya, — dedi chakich yuz hayratlanib. U oʻzicha ovozini pastlatgan-u, lekin shang‘illab ketayotganidan, yaqin-atrofdagilar laganda uyub-uyub tarqatilayotgan parmuda somsalarni oʻzlariga olib, boshqalarga uzatishgancha, bularga alanglar edilar.
— Ming yil boʻldi-yov? — dedi Olim akam ham, uning hayrati bunga ham yuqqan-qoʻygan edi. — Voy, seni-ey, g‘irrom-ey, —derdi ovozini pastlatib, allaqaysi voqealarga shama qilib.
— Oʻzing-chi, qayoqqa gum boʻlib ketuvding? Qamalib-samalib ketmovmiding? Uzoq ketding juda?

Akam esa:
— Koʻrib turibsan-ku, bus-butunman. Oʻtirgan odamga oʻxshaymanmi?— deb kulardi.

Chakich yuz (men uni tanimayroq turib edim, esladim: sutchilarni olib, Beshog‘ochga qatnaydigan yuk mashina shofyori edi). «Voy, san-ey, voy, xuvarilarning boshi-ey», deb turib, boshini yana ham pastlatgancha akamga shivirlab qoldi:
— Sen ularni, anuv chopib xizmat qib yurganlarni tanivotsanmi? Qoʻy og‘zidan choʻp olmagan «pokiza»larni? Yaxshilab qara-ya.

Olim akam kim choy tashib, kim parmuda somsa tarqatib yurgan bir xilda xushbichim movut chakmonli kishilarga — yoshlari ham qirqqa borib-bormagan yigitlarning yuzlariga bir-bir tikilarkan, ajablanganini yashirolmadi.
— Chindanam «pokiza»lar-ku.
— Ha, ha, Parpi bebaxtning yigitlari. Endi soʻfi boʻlib qolishganini koʻrsang. Xuddi ertaklardagidek, bir dumalab beozor musichaga aylanib qolishibdi, qara. Bizzi okayam oʻshalarda vazir.
— Tushunmadim, — dedi akam koʻzlarini pirpiratib. — Qanaqa vazir?

Mening esa ichim qurib, gumirib boryapti: nahotki, bu oʻsha bebaxtning ishi? Uning xonadoni, deyman. Koʻzimni zinaning tagidagi sholaravachadan uzolmayman. Oʻzi qaerda ekan? Alanglab topolmayman.
— Oʻng qoʻl vazir — ishboshi-da, nimasini tushunmaysan, — dedi u.
— Hov, Isroil, devorniyam qulog‘i bor-a, naq tovbangga tayanibam qutulolmaysan keyin, — deb orqadan kimdir shipshidi.
— Menam kechagi gapdan gapiryapman, bugun demayapman-ku, — dedi chechakyuz oyog‘i ostiga tupurinib.

Orqa qatordan yana kimdir gap qoʻshdi:
— Kechagi gap — kechagi. Islomda johiliyatdagi gaplar eslanilmaydi.

Isroil aka labini jiyirib, kinoyali bosh irg‘adi:
— Seniki «ma’qul», opqochog‘ich. — Soʻng toʻng‘illab qoʻydi, — bir gapdan qolsam, oʻlamanmi!

Uning begidirligiga ham, chapani-shang‘iligiga ham taraf yoʻq edi. Hozir bor-yoʻg‘i akamni uchratib qolganidanu unga qay tovkada oʻtirganini tushuntirib qoʻyayotganidan boshi osmonda edi, xolos.

Bizning qatordagilarga ham parmuda somsa tortilib, hamma nafsi bilan ovora boʻlib qoldi. Chindan u ta’mi og‘izda qoladigan qilib, dumba-yog‘ solib yopilgan, zira-murchi tobida edi. Men uni Marg‘ilonda tayyorlab, nozik mehmonlarga tortishlarini koʻrgan edim. Bizda ham rasm boʻpti.

Soʻng qoʻlma-qoʻl peshayvondagilarga kosada bir nima tortila boshlandi. Keyin bilsam, kosaning tagida yarim choʻmichgina nuqul vajudan iborat manpar ekan. Umrim bino boʻlib, shuncha muxbirliklarda yurib, bunaqa shohona ziyofatga endi tushishim edi. Jindek-jindek, lekin ichib koʻrsang bu dunyoning taomimas, asal boʻp ketgan. Oshpazlarning ham zoʻrini chaqirtirishgan ekan-da.

Kim bularning rasamadini tuzgan, kim boshqarib turibdi, hech tagiga yetolmasdim.

Nihoyat kosalar olinib, joy-rostoniga yetkazilib, peshayvondagi derazaning bir tavaqasi ochib qoʻyildi. Chollar issiqlab, havo yetmay qoldimi, deb oʻylovdim, yoʻq, mikrofon qirtillab ichkaridagi qariyalarning g‘ovur-g‘uvuri bizga-da eshitila boshladi.
— Toʻramdan ikki og‘iz eshitaylig-a, sog‘inib qoldik-ku, nimaga yig‘ilganmiz,— degan takalluf soʻzlar boʻlib oʻtib, kimdir yumshoq yoʻtalib, boshqasi tomoq qirdi.

Atrofdan:
— Jim. Ting‘layluq, birodarlar, — degan soʻzlar yurinib qoldi. Odamlar bir-birovlarini tartibga chorlar edilar.

Bir xilda maysarang movut chakmon kiygan xizmatchilar-da koʻrinmay qoldilar. Aftidan ular ham qay bir chekkaga oʻtib, boyagi ne’matlardan tatinar edilar. Yo ma’ruzani tinglagani oʻtirdilarmikan — bilolmadim.
— Muhtaram jamoa! Uzoq-yaqinidan bu qutlug‘ xonadon egasini izzatlab, qadam ranjida qilgan azizlar! Oʻzbekning nimasi koʻp — toʻyi-toʻychig‘i, mehmon kutishi koʻp. Lokin shular ichida ulug‘i ehsondur, savob umidida dasturxon yozmoqdur. Bu xonadon sultoni ham shul umidda bizni chorlabdurlar, oldimizga dasturxon yozib, tansuq-tansuq ne’matlar hozirlabdurlar. Hidoyatga tushib, uning shukronasini unutmagan moʻminning odati shunday: farzand koʻrsa, shukronasiga aqiqa qilgay. Yangi hovliga koʻchib kirsa, shukronasiga ehson dasturxoni yozgay. Muhimi niyat, sabablar topilavergay. Mana bugun ham biz eski diyorlariyu ota hovlilarini tashlab kelolmay oʻtirgan birodarimizning nihoyat yangi diyorga rozilik berishlari ila yangi xonadon eshigi ochilishi sharafiga bu yerga yig‘ilib turibmiz.

Men bu yerga kelaturib oʻtmish zamondoshlarimiz ichida oʻtgan eng buyuklaridan ikki inson bilan boʻlgan ikki voqeani xotirladim. Biri payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bilan kechmishdur, yana biri ulug‘ amirimiz Amir Temur janoblari bilan kechmishdur. Men shu ikki ibratlug‘ hodisani sizlarga ilingum keldi.

Soʻzlaguvchi ichkaridaydi. Peshayvon oynavand boʻl-sa-da, romlarga boʻlingan, oʻrtasidagi ustunlar toʻrdagilarni koʻrishga qoʻymas, qolaversa, qayoq toʻr, qayoq past ajratib boʻlmas, biz sal uzoqroqqa tushib qolgan edik. Ammo shirin lafzi qay bir yoqlilarnikiga oʻxshab ketib qolishidan men bu kishining nutqini qachondir eshitgandek boʻlaverar edim. Qulog‘imgami, yuragimgami tanish edi, qisqasi.

Shu tob Olim akam engashib, qulog‘imga shivirladi:
— Marshal hazratlari-ku. Tanidingmi, pakana pari?
— Kim? — Men hayratlanib, yalt etib qaradim.
— Toʻram hazratlari-da. U yoqda nomlarini eshitsalaroq tikka turadilar, — dedi u bosh irg‘ab.
— Qayoqda-qayoqda?— dedim dabdurustdan anglamay.
— Qayoqda boʻlardi, — dedi u men tomon engashib va shivirlab, — Otalarimiz qolgan, oʻzimiz qancha vaqt yurgan yoqda-da.
— Tushundim, — dedim ichim, yuragimning nozik bir, ingichka yerlari titrab kela boshlab.
— Hoy, yigitlar, eshitinglar, — deb bir kishi qarab qoʻydi.

Men uzr deya qoʻlimni koʻksimga bosdim. Oʻzim esa, hayratdaman: voh, uni qara-ya, pochcha shuni ilingan ekanlarmi, sir tutgan ekanlarmi?! Biz tomonlarda Hoziq toʻram deb shuhrat topgan kishi davom etar, men Mahfuz kennoyimga turkona dori istab borganlarim yodimga tushib ketgan edi.
— Rasululloh sollallohi alayhi vassallam Makkani fath etib kirib kelishlarida toʻqqiz kishini koʻrgan va tutgan yerda oʻldirishga buyurgan edilar. Ular ilgari Rasulullohga eng qattiq dushman boʻlib chiqqan va ozorlar bergan din dushmanlari edi. Shularning eng qattoli Abu Jahl edi. U Badr jangida oʻldirilgach, oʻg‘li Ikrima islom qonini ichishga qasam ichgan edi. Shuning uchun «uni qaerda koʻrsangiz oʻldiring» deb buyruq bergan edilar...

Hoziq toʻra chiroyli hikoya boshlagan edilar, hamma nafas yutmay u kishini tinglar, soʻlarining mag‘zini har kim tushunganicha chaqib olmoqda edi. Men esam, nimaga bu hikoyatdan tushdilar — anglay olmay turibman. Nimaga mengzayotirlar — tushungandayman-u, uqib olishim qiyin boʻlyapti.
— Lokin Makkani fath etib, haramga kirib, Ollohning uyida ikki rakat namoz oʻqib chiqqach, u zot oʻzgarib qoldilar. Zotan butun olamlarga rahmat olib kelayotgan zot dushmanlariga ham iltifot koʻrsatadurgan bir holga tushgan edilar. Ana shunda u zotning oldilariga Ikrimaning xotini Ummu Hakim kelib:
— Yo Rasululloh, sizdan yaxshilik soʻrab kelgan birorta odamni quruq qaytarmadingiz. Meni ham quruq qaytarmasligingizga ishonib, erimga omonlik soʻrab keldim. Yana qochib yurib, oʻzini halok qilib qoʻymasin, yo Rasululloh, — dedi.

Anda ul zot:
— Agar uni qaytarib kelar boʻlsang, yaxshilik qilurmiz, — dedilar. Sollalohu alayhi vasallam.

U kishining shu soʻzlariga ishonib, Ummu Hakim erini Yamanga joʻnayotgan kemadan qaytarib keldi. Abu Qubays tog‘i oʻrnidan koʻchsa koʻcharki, Muhammad soʻzidan qaytmas, deb qaytarib keldi.

Chindan ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uzrini qabul qilib, ridolarini oyog‘i ostiga yozdilar va:
— Ey bor Xudoyo, Ikrimaning dushmanchilik bilan qilgan ishlarini, meni haqimda aytgan soʻzlarining gunohlarini kechirgil, — deb duo qildilar. Sollallohu alayhi vasallam. Darhol u shahodat aytib, iymonga musharraf boʻldi.

Ajabki, ilgari urush maydonida Ikrima bir sahobani oʻldirib qoʻygan, buni koʻrib Rasululloh kulgan edilar va:
— Bu ikkovining jannatda bir oʻrinda oʻltirganlarini koʻrdim. Bu yerda ersa, bir-birlarini oʻldirmoqdalar — shundan kuldim, — deb bashorat bergan erdilar. Qarangki, Abu Bakr Siddiq xalifalik zamonlarida shu bashorat yuzaga chiqdi. Hazrat Ikrima Shom g‘azotiga chiqib, shahodat topdilar. Roziyallohu anhu.

Xuddi shunga oʻxshashroq voqea Amir Temur zamonlarida ham sodir boʻlmish ekan. Bir kuni Ozarboyjonda hukmronlik qilayotgan Mironshohning xotini Suyunchbeka qaynotasi huzuriga eridan shikoyat etib, koʻzyosh qilib keladir. Ya’nikim u kishi davlat va raiyyat ishlarini unutib, kayfi safo, bazmi jamshidlarga berilib ketmish. Bundan ortiq darajada g‘azablangan sohibqiron lashkar tortib safarga chiqadi. Uni eshitgan Mironshoh nadimu ulfatlari bilan Tabrizga qochib yashirinadi. Lekin amir ularni tutib keltirib, oʻg‘lini xalq oʻrtasida ellik darra urdiradi va yoʻldan ozdirgan toʻrt kishini oʻlimga mahkum etadi.

Uch aybdor — mavlono Koʻhistoniy, Qutbiddin Koshiy va ham Abdulmoʻmin Goʻyandiylar oʻsha kuniyoq Qazvin darvozasida dorga osiladilar.

Ammo hofiz Abdulqodir Marog‘iy Bag‘dodga qochib ulguradi. Sohibqiron uni borgan yeridan tutib keltirishga buyuradilar va Bag‘dodga qoʻshin kirib boradi. Hofiz esa u yerdan Misrga qochadi. Ammo osmon uzoq, yer qattiq, uni oʻsha Misrdan-da tutib keltiradilar. Koʻksaroy oldidagi maydonga dor tikilib, hukm ijro etilishga kirishiladi.

Gunohkor hofiz oʻlimi oldidan ikki rakat namoz oʻtab boʻlgach, vakillar orqali buyuk amirdan Qur’on hurmati bir pora Qur’on tilovat etishga ruxsat soʻraydi. Temur osiy bandaning bu tilagiga ham rozilik beradi.

Va mehribon hamda rahmli Olloh nomi bilan Taborak surasini toʻlg‘onib tilovat eta boshlaydi. Ho-fiz qori edi. Ayonki, oʻlimi oldidan soʻnggi bora taborakni yod oʻqimoqda, bundan soʻng unga Ollohga murojatu munojot etmak nasib qilmas, shundan-da, toʻlib, yig‘lab oʻqimakda edi. Goʻyo soʻnggi nafaslari Ollohning kalomi ila qorishib, uchib ketmagiga ishongan kuyi oʻqir edi. Buning-da cheki-chegarasi borligini goʻyo unutganday edi. Ruhi oʻsha kalom ohanglariga qoʻshilib erib, uchib keta qolsa yaxshiroq edi unga. Bu uning tavbasi edi.

Ammo har narsaning tuganchi — tugamog‘i bor. Kalom «bi maim-ma’in»da uzuldi. Soʻng «subhona rabbika robbil izzati amma yasifun va salomun alal mursalin, valhamdulillohi robbil alamin» bilan tugadi. Hamma yuziga fotiha tortdi va tabiiyki, butun yoshlig‘ koʻzlar amirga tikilgan edilar. Sohibqiron-da erib bitgan, uning-da koʻzlari yoshlig‘ edi. Koʻnglidagi oʻtlig‘ qahrdan esa asar qolmagan — bir ulug‘ qoʻl uni sidirib olib tashlagandek edi.

Nogoh u oʻrnidan turib, pastga — qatlgoh tomon yurdi. Va mahbus tepasinga kelib, tiz choʻkkancha oʻltirgan hofizning qoʻltig‘idan koʻtardiyu bag‘riga bosdi. Soʻng titroq qoʻllarila yonidan oq roʻmolcha olib silkirkan, jallodga keting ishorasini berdi.

Shundan soʻng bizning diyorlarda tavbadan soʻng moʻminning oʻtmish-kechmish gunohlardan til ochmak, yuziga solmak — urfdan chiqib, hidoyatdan soʻzlash — sunnat boʻldi. Roziyallohu anxu...

Bunday qarasam, hovli chekkasi bilan bitta boʻlib, boyagi movut chakmonli xizmatchi yigitlar bir safga tizilishgan, xuddi Hoziq toʻramning oxirgi soʻzlari goʻyo ularga tegishliday oʻzlari nim ta’zimda turar edilar.

Soʻng kimningdir ishorasi bilan ular qoʻzg‘olishib, choylar yangilanib, paxta gulli kosalarda ikki donaginadan (ustida jindek qatig‘i, murchi, koʻkati bilan) manti tortila boshlandi. Ehson-ziyofat davom etardi. Soʻng tilovat bilan hamma tura boshladi. Ana shundagina sholaravachaning egasini koʻrdim. Uni ikki yigit tagidan qoʻl oʻtkazishib, toʻy boladek ichkaridan koʻtarib chiqib kelishar edi. Qarangki, bu oʻsha — oʻzim bilgan va vaqt oʻtib mushtdek boʻlib qolgan Parpi edi. U ham boshqa yigitlari kabi oq ishton-oq koʻylakdayu ustidan moʻ’jaz koʻk movut chakmon kiydirilgan, oʻsmir bolanikidek bir burda yuzidan oq-sarg‘ish bir nur, bir oqlik taralar edi.

Borliq-yoʻqliq asnosida turarkanman, qulog‘im ostida birov hayratlanib shivirladi:
— Akamni nomidan ish koʻrib kelayotgan shumi ekan, pakana pari?

Men choʻchib oʻgirilib, Olim akamni koʻrdim. Va ma’noli qilib:
— Koʻrib turibsiz-ku, — dedim.

Jazo, Rijo Va Hidoyat

Biz ichkaridagilardan ilgariroq chiqib, darvoza tagida qoʻl qovushtirib turar edik. Bunday yig‘inlarning ham oʻz odobiyu hikmati bor ekan. Qolaversa, oʻzbek shu mulozimati, uzoq-yaqindan kelganlar bilan koʻrishib-omonlashishi, ikki og‘iz hol-ahvol soʻrashib, bir-biriga samimiyatini izhor etishi bilan ham oʻzbek ekan. Xuddi shunaqa paytda jiyanlar tog‘alarini tavof etib, sihat-salomatliklarini soʻraydilar. Amakivachchalar, xolavachchalar yuz koʻrishadilar, yaqinlarini surishtiradilar. Kichiklar oʻz hurmatlarini izhor etsalar, qariyalar duo qilishadi. Shu on, shu daqiqada butun tiriklik, dunyoning ziynati shundan iboratdek koʻrinib ketadi odamga. Yaxshiyam oʻzbekning toʻy-xashami, aqiqayu ehsoni bor. Dunyo tashvishlaridan ortmay yurganlar, manavi zilzila munosabati bilan uzoq-yaqinga joy qilib koʻchib ketganlar, shu bahona yig‘iladilar, diydor koʻrishadilar, hol-ahvol soʻrashadilar. Kelolmagan qariyalarning omonat salomlari, duoyu tilaklarini yetkazadilar. Chindan shu xalqqa mansubligingdan, oqibatni, qarindosh-urug‘dan xabar olishni unutib qoʻymaganingdan (albatta, silai rahm qilib turganga, vaqtida kelib, qariyalarning duosini olganga nima yetsin!) ichingda bir g‘urur tu-yib ketasan. Olloh seni shu toifadan etganiga (anuv ota-onasini tashlab, begona yurtlarga tentirab ketavuradiganlar toifasidan qilmaganiga!) shukronalar aytasan.

Hammasi shunaqa paytda — tanish-bilishlar uchrashib, koʻz koʻzga tushib, mehr jilva qilganda bilinarkan. Biz hozir ana shu holatda ichkaridan chiqayotganlarga intiqib turardik. Akam ham, men ham.

Bizga bu yig‘in-mashvaratni ilingan Nusrat pochchaning oʻzlari hali koʻrinmasdilar. Aftidan, u kishi ayvondagi domla-imomlar bilan soʻrashib, bir-birlarini ziyorat qilishayotir, ungacha bu yoqdagilar tizilishib, ichkaridan chiqadigan azizlarni kutib turishar, hech kim jilishni oʻylamas edi. Boyagi amri-ma’rufning ta’rifini tildan qoʻymay, oʻsha suhandon kishi — Hoziq toʻramni ishtiyoqmandlik ila kutishmoqda edi.

Men Olim akamga zimdan nazar tashlab-tashlab qoʻymoqdaman. Uni hali Isroil taksachidan boʻlak birov tanib ulgurganicha yoʻq. (Axir u shaharga milisa oʻqishiga kirib, uni bitirar-bitirmas dab boʻlib ketganicha, hamma har qayoqqa koʻchib, qancha suvlar oqib oʻtib ketdi!) Tanib qolishsa — birpasda shovur-shuvur qoʻpib, kim Eshon buvaning hurmatlari, kim Sultonmurod akamni izzati haqqi kelib koʻrisha ketar edi-ku. Faqat tanimay turishibdi. Oʻzi esa, har bitta tanish chehraga — yakkabog‘ligu kattabog‘likka yutoqib-intiqib, bir olam xotirotlarga berilib tikiladi-yu, faqat borib soʻrashishga, oʻzini tanitishga iymanib turibdi. Yonidagi chapanisifat, yapasqi yuz Isroil aka esa og‘zida nosi, g‘oʻldiragancha unga allakimlarni tanishtirib, allanimalarni esiga solmoqqa tushgan edi. Akam uni anglayvermagach, axiyri nosini tashlab, qulog‘iga yopishib bordi-da, tushuntirmoqqa boshladi.
— Koʻryapsanmi, tovkasidagilarni? Mulla boʻp olishibdi. Satta tom teshamanu boʻxcha oʻg‘irlaymanlar. Yana toʻn yarashganini koʻr, — derdi u.
— Xudo insof beraman desa shu-da, — dedi akam.
— Qatta! — dedi Isroil aka qoʻl siltab, — oʻzlariga qolsa ertagayoq oʻsha koʻchaga burilib ketishadi. Faqat bu qoʻymay turibdi-da.
— Oʻsha oʻzimizning Parpi-ya? Tovka boshi-ya?
— Hoʻ, sen uni nima deyapsan? Yarimtaligiga ishonma! Oʻnta butunni qochiradi. Albatta soʻz bilan, ilmi bilan. Biz uni oʻtirib qoldi, desak, oʻzini ilmga urgan ekan. Shayxim qori akaga oʻxshagan hov anuvnaqa domlalar bilan ulfat boʻlvolib. Eshitding-ku, bugun bittasini. Qalay, yoqdimi?
— Yoqqanda-chi!
— Bular shunaqqib egib oldi-da, satta qashqata-yoqlarni, qamoq ham tuzatolmaslarni. Endi soʻzidan chiqsin-chi!..

Va shu mahal darvozaxonada «Siz oʻting-siz oʻting»-lab domlalar koʻrinishdi. Ular nurli qarib, kichkina tortgan va ham sal munkillab aso tutgan, ustiga ustak oʻziga xoʻb yarashib oʻtirishgan maysarang movut chakmon kiygan kishi ortidan ergashib kelar edilar. Men u kishini tekis bodom qovoqlaridanu yumshoq muloyim nazarlaridan bir qarashdayoq tanigan edim. Kenno-yimga tabib izlab borib... kimni koʻribman?! Shu kishi edi-da! Faqat unda sal tikroq, dadilroq koʻrinib edilar. Qolaversa, Tangritog‘dan kelgan tabib deb tanishtirishib edi. Xuddi shu odam bergan bir oʻram turkana dori Mahfuz kennoyimga malham boʻlgan, oʻsha bilan oyog‘i kesilmay qolgan edi. Bugun esa men tamomila boʻlak manzaraning shohidi boʻlayotgan edim. U kishini katta ulamo sifatida kutib olib, kuzatishmoqda edi. Bu orada ular darvoza tagiga chiqib qolishgan, u kishining hurmatlariga hamma tizilib qoʻl qovushtirgan edi. Hamma u kishini tavof etib koʻrishib qolgisi keladi-yu, lekin hech kim borib qoʻllarini olishga botina olmasdi.

Va nihoyat u kishi jamoatning bu istagi, bu xohishini sezib qoldilarmi, oʻzlari oʻsha ikki yonda tizilishganlarga ta’zim qilib, goʻyo salom berib, alik olib kela boshladilar-u, soʻnggi daqiqada eshik tagida choʻloq- aravachasi ila kuzatuvchilar qatoridan joy olgan uy egasini koʻrib, oʻsha tomon yurdilar va borib oʻsha movut chakmonda nur toʻkib oʻtirgan yarimta odam — Parpi bebaxtni avaylab quchib, yuzlarini yuzlariga suykab, kuraklarini silay boshladilar. Oʻzlari esa bisotlaridagi eng shirin-shakar soʻzlar ila uni alqar, alqab duo qilar, chiroyli umru chiroyli oxirat tilar edilar.

Soʻng oʻsha atrofdagi yaqinlar bilan koʻrisharkanlar, ergashganlardan kimdir u kishini urintirgisi kelmaymi, qoʻlini ochib:
— Taqsir hazratlari, jamoat haqiga, yangi xonadon sohibi boʻlmish ukamiz haqiga duo qiling, — deb qoldi.

Hamma shovullab qoʻl ochdi. U kishi ham turgan yerlarida toʻxtab, asolarini bilaklariga solgancha, duoga qoʻl ochdilar.
— Ey, bor Xudoyo, iloha ilovando moʻminlarga ana shunday sabru jamiil bergin, to tirik ekanmiz, vatanlaridan boshqa judo qilmagil, og‘ir, mashaqqatli sinovlaringga tashlamagil. Doim rahm-shafqat qilgil, oʻz ilmu rabboniyingdan benasib etmagil. Qoʻzg‘otmagil, toʻzg‘itmagil, sarson-sargardon etmagil bu ummatingni. Oʻzingga toatda, ibodatda qilgil. Chiroyli, oʻzingga xush keladurgan amallarga musharraf etgil. Hidoyatingga boshlabsan, qaytib oʻzingdan begona qilmagil. Adashtirmagil hech. Shu jamoatda qoʻl ochib turganlarni oʻzlariyu zurriyodlariyu ulardan keyin keladurgonlarni ham oʻzingga suyukli ummatdan qilgil. Oʻzingdan oʻzgani demaydiganlardan qilgil. Bu xonadon sohibini ham hidoyatingga olibsan, chiroyluv amallarini bardavom etuviga erishtirgil. Hasbiyallohu va ne’mal vakil degan bu bandangni oʻzing qoʻllab, unga qatishib kelgan har bir insonni azizu mukarram etgaysan. Ularni Oʻzingning adlu adolatingga topshirdik, hamisha qoʻllarini baland etgaysan. «Robbana atina, fid dunya xasana va fil oxirati xasana va qina a’zaban nar».

Yuzga fotiha tortilib, odamlar bir-birlari bilan qayta koʻrishib, xayr-xoʻshga tusha boshladilar. Hammadan Isroil aka mutaassirlangan, ikki gapining birida Olim akamning yelkasiga turtib:
— Uni koʻr, zoʻr-ku. Oxund domladan oʻtarkan-ku, a? Bir muftiycha ilmi bor ekan-ku, — derkan, joyida turolmas, oʻsha yoqqa intilib, u kishini tavof etib qolmoq payiga tushgan edi.

Shu tob Olim akam u qolib, men tomonga oʻgirildiyu hayrat aralash shivirlay boshladi:
— Maqsud, bu kishi uy qamog‘ida emasmi? Ruxsat berilganmi bunday yurishlarga? Xalq orasiga kirishlariga? — derdi u. Men ang-tang qolgan edim.
— Qanday uy qamog‘i? Qanaqa ruxsat? — dedim oʻzimga kelolmay. — U yoqdan kelgan tabib-ku.
— U yog‘ing — qayoq? — dedi akam.
— Akam ketgan yoqdan-da, qayoqdan boʻlardi!

Olim akam qotib qoldi:
— Akam ketgan yoq?
— Ha-da, — dedim uni tushunib yetmay. — Uylariga izlab borganman bir gal, kennoyim yotib qolganlarida. Agar oʻsha odam boʻlsa.
— Kim yotib qolganda?
— Kim boʻlardi kennoyim, akamning oʻsha yoqli ayoli, — dedim endi yashirib oʻtirmay.

U oʻziga kelolmay yuzini ishqadi. Aftidan, bu xabardan esi teskari boʻlayozgan edi.
— Akam hali oʻsha yoqda, ayoli bu yoqdami?
— Bilmaysizmi, — dedim men ichim dukur-dukurga tusha boshlab. — Shuncha oʻsha yoqlarda yurib-a?

U behol tortib, koʻzini yumdi, oʻziga kelib-kelmay:
— Keyin, keyin tushuntirib beraman. Mavridi bilan, — dediyu odamlar orasidan Hoziq toʻramnimi, kimni izlashga tushdi. U allaqanday hovliqib, izlagan kishisini yoʻqotib qoʻysa, qaytib topolmay qoladigandek alanglar edi. Ular esa bu payt, har xil duxoba gajimlaru shokilalar bilan ichidan bejalgan (qanday asrashibdi, tavba!) eski «Pobeda»ga joylashib ulgurishgan, kuzatib oʻsha yergacha borganlar u kishi bilan xoʻshlashar edilar.

Olim akam azza-bazza afsuslanib qoldi:
— Ketarkanlar, oʻzim oborib qoʻyardim. Eh, afsus, nega ilgariroq otni qamchilamadik? Endi qachon koʻramizu uchratamiz?
— Qachon desangiz, oboraveraman. Uylarini bilaman, — dedim, — agar oʻsha tabib boʻlsa.
— Oʻsha odam! Qanchalarning duosiga qolib, qanchalarning tinchini olgan! Qanday erkin qoʻyishibdi ekan?— dediyu jim qoldi.

U kishi joʻnab ketib, hamma tarqay boshladi. Faqat biz Nusrat pochchani kutib, bir chekkada qaqqayib qolayotgan edik. Buni koʻrib, pochcha ham xonadon sohiblari bilan xoʻshlasha boshladilaru kutilmaganda bizga oʻgirilib:
— Hoy, Maqsudxoʻjam, qanisizlar, beri kelinglar, — deb chaqirib qoldilar. — Arvohlar shod boʻlsin, soʻrashib-tanishib qoʻyinglar. Harqalay bir joyning odamlarisiz, bir ariqdan suv ichgansizlar.

Men ich-ichimdan jon-jon deb turibman-u, lekin sholaravachadagi odamning sirimi, nimasi bosib, iymanib-tortinib bora boshladim. Qolaversa, akam tufayli yarimta boʻlib qolgan odamni (yana qancha vaqtdan soʻng!) yaqindan koʻrgim, soʻrashgim bor (axir, u ilgarigi ishlarini tashlab, nainki oʻzi, butun tovkasidagilar bilan qay yoʻlga kiribdi!) Men uni allaqachon qidirib topishim, akamning omonatini yetkazishim kerak edi. Kelib-kelib mavridi shu kunga toʻg‘ri kelibdi! Shuni eslaganda naq vujudimga yengil titroq kira boshlagan edi. Qiziq, akamning nomini eshitsa, qay ahvolga tushadi ekan — tasavvur eta olmasdim.
— Assalomu alaykum.
— Va alaykum, keling, eshon bola.

Birinchi boʻlib men uning yumshoq, qariyalarnikidan ham nozik qoʻlini oldimu g‘alati boʻlib ketdim. Bu qoʻllar duxobadayin mayin, ham iliq, undanmi yo sohibining engil-boshidanmi, odamning jonu jahonini elitgudek bir ifor taralar edi. Odam diniga qaytsa, shunday yoqimli boʻlib qolar ekanmi, tavba?

Men u ifor hidlarini hidlab toʻymasdim.
— Taniysiz-a, taqsir, bu Salomxonning kenjasi. Oʻqib katta yigit boʻldi, ulug‘ dargohlarda ishlayapti,— deb tanishtira boshladilar pochcha.
— Nechuk tanimay, Sultonmurodning xolavachchasi, oʻzimizning yakkabog‘lik, — dedi u bilagimdan ushlagancha qoʻllarimni silab. — Oyingiz omonmilar, bardam-baquvvatgina oʻtiribdilarmi? Bizdan duo aytasiz. Bizga qancha yaxshiliklar sog‘ingan, yaxshiliklar qilgan joylari bor.

Voh, ich-ichimdan bir turli hislar toshib kelardi, odam shunchalar muloyimlashuvi, halim tortib ketuvi mumkin ekanmi? Bu nimaning alomati? Yolg‘iz hidoyatingnimi?

Va shu barobar akamning bir paytdagi omonat xati, undagi rijolari yana yodimga tushib kela boshlagan, uni manavi holda bu odamga qanday aytarimni bilolmasdim. Hammasidanam ukasi — Olim akamning oldida ne deb aytarimni bilmasdim. Qolaversa, bundan keyin bunaqa mavrid keladimi, yoʻqmi? Bu orada pochcha mening holimdan bexabar Olim akamni tanishtirmoqqa boshlagan edilar:
— Bunisini-chi, bunisini? Alloh chindan hafiz, asrayman desa oʻziga taraf yoʻq; ming chig‘iriqlardan ham gard yuqtirmay oson chiqaradi ekan. Mana, nihoyat yurtini qora tortib kepti Sultonmurodning jigari, Eshon buvamning kenjalari, u kishining chiroqlarini yoqib oʻtirgani. Olim deganlari shu boʻladi, taqsir.
— Vah, vaqtning ketuvini, umrning oʻtuvini koʻring. Shu oʻzimizning Olimmi? Er yetib, sochiga oq oralab ulguribdi-ku. Uni qarang-a. Kel, birodar, kel. Muqim qaytganing rost boʻlsin. Omonmisan, doʻstimning jigargoʻshasi? — deb sholaravachada oʻtirgan odam bazoʻr «quchoq ochdi», soʻng quchog‘iga «olgan boʻlib», ovozi bir tur oʻzgardi. — Uni qara-ya, sendan kimlarning isi kelmoqda-ya. Iloy, akaginangning ham boshini toshdan etgan boʻlsin Oʻzi. Shunday koʻrishtirmoqni nasib etsin.

Nima balo, bu iltijo, bu rijo qalblarimizdagi yosh buloqlarining kaliti edimi va yo bir tilsim soʻzlarmi, koʻnglim allatovur boʻshashib, koʻzlarimga tirqirab yosh quyilib kelar, shuncha yosh qaerda turgan ekan — oʻzimni tuta olmasdim.

Yengimni bosib, atrofga qarasam, bu gapdan mutaassir boʻlgan hamma — akam ham, oʻzi ham, pochcha ham bir holatda turibdilar. Pochcha oʻzlarini bosmoq boʻlib, dam-badam iyak qoqadilar, oʻzlarini chalg‘itmoqqa urinib, uning duosini takrorlaydilar:
— Iloy, oʻsha kunlarga Oʻzing yetkaz.

Bu orada uy sohibi oʻzini tutib, ichkariga qistamoqqa, bizning suhbatimizni olmoq harakatiga tushib qolgan edi:
— Qani, pochcha, boshlang. Sizlarga javob yoʻq. Bir kelib qolishibdi, ichkariga boshlang bularni. Otamlashayluk. Hoy, Azlar tog‘a, nega qarab turibsiz? Mehmonlarni olib kiring. Ularga javob yoʻq.
— Bu yog‘i qandoq boʻldi? — deb pochcha menga qaradilar. — U yoqda xolang kutyapti. Bu yoqda kirmasang...
— Nega kirmas ekanmiz, kiramiz. Qolaversa, bu kishiga aytadigan omonatlar bor, akamning omonati,— dedim men mavridi kelib qolganidan foydalanib.
— Kimdan dediz? — uy sohibi azbaroyi hayratlanganidan sholaravachasi turgan yeridan jilgudek g‘ijirlamoqqa tushgan edi. — Sultonmuroddanmi?
— U kishidan bir xat keltirishgan edi. Oʻshanda... Sizga tegishli gaplar bor ekan. Uzr, vaqtida yetkazolmagandik.
— Uni qarang-a, shunday edimi? — Men hech kutmaganda uy sohibi bu xabardan boshi koʻkka yetib, shoshib qolgan, «Shundaymi, daragini chiqargan Ollohimdan oʻrgilay-a, kiringiz», deb qistamoqqa tushgan edi.

Kirdik. Hovlidagi joylardan biriga oʻtira qoldik. Pochcha duo qildilar. Choy keldi. Shundan keyingina uy sohibi yana intiqib menga qaradiyu:
— Bu qachongi gap, eshon bola? Ayting, tortinmay aytavering, — deb yana qoʻllarimni silamoqqa, boladek yalinmoqqa tutindi.
— Yaxshi gaplar, xursandchilik gaplar!— dedim men u kishini tinchlantirishga urinib. Soʻng:— Bahriddin akamni tanir edingizmi?— dedim yotig‘i bilan.
— Qaysi Bahriddin? Yakkabog‘lik Bahriddinni aytasizmi? — dedi bir hushyor tortib. Kutmagan ekan, allaqanday xijolatlandi:
— Ha, ha, Asol xolamning oʻg‘illari, — dedim.
— Xoʻsh-xoʻsh? — dedi oʻziga kelib.
— U kishi tirik ekanlar. Makkaga oʻtib ketishgan ekan. Marg‘u kennoyimni unga yetkazibdilar. Oʻsha nikoh qayta tiklanibdi, — dedim yuzlaridan koʻz uzmay. — Sizda gunoh yoʻq ekan. Akam, Sultonmurod akam hamma oʻtgan ishlar uchun Sizdan uzr soʻraydi. Kechirolsan-giz — kechirib qoʻyar ekansiz.
— Subhonolloh! Shundaymi ekan?..

Uning yuzi (koʻrib turibman!) oqarishib kelib, kutilmaganda ilgarigidan ham nurlanib ketdi, tavba, u sariq ipak singari ichdan bir ajoyib nurlanib balqir, shu bilan barobar bu yuzga xotirjamlik yoyilib kelar edi. U koʻzlarini koʻtarib, menga minnatdor tikildi.
— Ollohga shukr, Oʻziga hamdu sanolar boʻlsin! Ollohdan yashirmaganimni endi sizlarga ham ochay. Bu narsa koʻksimni tegirmon toshdek ezib yotar edi. Qarang-a, Xudo oʻzi kushoyish berib asragan ekanmi Bahriddinni? — deya oldi.
— Asragan ekan, gunohsiz ekansiz, — dedim men. U meni quchib olib, toza yig‘lab bersa kerak, deb oʻylab edim. Ammo u tobora xayolchanlashib, shol oyoqlari ustidagi movut chakmonning bir chetini silab ketgan, bosh koʻtara qolmas edi:
— Shundoq boʻlsa-da, u kim ekan — biz otib qoʻygan, boyaqish? Kuyovnavkar, anuv yetimcha boʻlib chiqqaymi? — dedi bizni tamomi hayratda qoldirib. Va koʻzlarini yumib, Ollohga iltijo etdi. — Oʻzing kechirgaysan, Tangrim. Undan kam boʻlmagan gunohimiz bor ekan. Bir yetimning gunohi, — dediyu jim qoldi.

Uning mijjalarida ikki tomchi billurday yosh qalqib turar, mening koʻz oʻngimdan esa bir xil kiyingan koʻk toʻnli yigitlar Mirjumon koʻchasidan koʻtarib kelayotgan tobut va uning oldidagi Qoʻqon arava ketmasdi. Qoʻqon aravada esa xumdek kallasini osiltirib mana shu odam oʻtirar va hech qayoqqa qarab qoʻymas edi.

Tobutdagi ustixon esa oʻshal boyaqish kuyovnavkarniki ekanmi?

Uchinchi Bog‘ (yoxud ey sokin jon)

Muallifgagina ayon tarixlar davomiga

U ostonada toʻxtab, ichkariga ovoz berdi:
— Onasi-yov, qaydasiz? Biz otlanub boʻlduk, duo bermagaysizmu?

Ichkaridan hadeganda javob boʻlmas, uning oʻrniga ham piq-piq yig‘i tovushiga oʻxshash bir hiqillash eshitilar edi.

Axiyri boʻlmadi. Moʻysafid kavushini kavshandozga yechib, maxsichan kirib borarkan, endi toʻng‘ichining nomini atab chaqirdi:
— Norposhsham, qay yerdasiz? Safarga otlangan kishini shunday kuzatarlarmi?

Oʻzidan xiyla yosh xotinning nozi shu-da. Qolaversa, oldi qizlarini uzatib, oʻg‘il uylagan xotinning yoshligi qoldimi? Nimqorong‘i uyga kirib olib, taxmon koʻrpalariga yuz bosgancha qolgan ayolining qorasini ilg‘ab, g‘alati boʻlib ketdi qariya.

Ichi sidirildimi yo achishib, koʻkragini bir nima tilib oʻtdimi, noxushlik sezdi. Shunda kutilmagan hol yuz berdi.

Qulog‘iga yana oʻsha kechagi noxush ovoz eshitilib ketib, butun vujudini bir titroq-jimirlov bosib keldiyu peshonasini muzdek ter qopladi. Shu barobar bir badboʻy hid — xuddi bir vaqtlar bolaligida qari yong‘oq g‘ovagiga qoʻl tiqqanidagidek yomon hid anqib ketdi. Unga shunday tuyuldimi, yo rostdan qayoqdandir anqib ketdimi, ajratolmadi. Lekin aniq esladi, u hov oʻshandagidek — yong‘oq g‘ovagida qoʻlini choʻqib olgan ukki bolasinikidek badboʻy edi. Oʻshanda qoʻlidagi pixillab potirlayotgan (temirqanotdan oʻtib, hali uchirma boʻlib ulgurmagan) ukkichani uloqtirish oʻrniga yuzini burib, bir amallab yong‘oqdan tushib olgan edi. Keyin kattalardan kimdir kelib qolib:
— Qoʻling akashak boʻlib, oʻling kevottimi, yoʻqot, joyiga opchiqib tashla, — deb soʻkkachgina iniga tashlab tushgan, shu-shu qaytib ukki iniga yoʻlamay qoʻygan edi. Shunga ham, hov oʻsha — Murjumondagi voqeaga ham yetmish yil kechdimikan? Lekin kelib-kelib endi yodga tushuvi, olamning manavi chekkasiga topib kelib, xunuk sayrashi qiziq edi. Bu nimaning alomati ekan?

Tungi ukkining anavi toshnokdami yo uning ortidagi bir yon shoxi quriy boshlagan qari qashqar gilosdami oʻtirib olib har zamon:
— Huq, huq, huq,— deb qoʻyishi, oradan yetmish yil kechib chaqirishi, sayrashi, topib kelishi g‘alati edi.

Oʻshanda nima boʻlib edi oʻzi? Ha, darvoqe, oʻshanda yong‘oq ustidan tushayotib, oyog‘i sirpanib ketdi-yu, jon holatda daraxtga yopishdi. Shunda qoʻlidagi ukki bolasini yomonroq ezib qoʻydimi, u chag‘illab yubordiyu boya inidan potirlab uchib chiqib ketgan ukkilar qaerdandir paydo boʻlib, ustidan pixillab uchib oʻtdilar. Qoʻyib bersa, boshiga tepib, talamoqchi edilar-ku, talab ulgurmadilar, u yerga sakrab tushib olgan edi. Soʻng haligi katta odamning — u suvchimidi, yoʻlovchimidi (balki Hizrdir) — qistovi bilan ukkichani iniga tashlab tushdi.

Lekin uning badboʻy hidi qoʻlidan necha kungacha ketmagani aniq.

Yaxshiyam oʻsha Hizrning uchragani — yetmish yilgacha uni unutib yashadi. Bugun esa... u indamay turganigami, haligacha borib taskin bermaganigami, ayoli birdan oʻzini tutolmay oʻkrab yubordiyu oʻgrilib kelib, yelkasiga osildi:
— Meni desangiz shu safaringizni qoldiring, otajonisi!

Jahlini yutib oʻrgangan odam (uningdek halim, hokisor kishi hamma qahr, jahl, achchiqlarini Allohga taslim etdim deb yurgan bir paytda) shaytonga hay berolmadi.
— Qaydan topding bu gapni?! — dedi sensirab. — Kecha qaerda eding?!

Oyposhsha qarshisida oq roʻmolining uchini koʻzlariga bosgancha hamon toʻlib turar, unga bir soʻz demak ortiqcha edi.

Mirzahojim kalta soqolini tutamlab, ichiga kirib olib vasvasa solishdan toymayotgan kasni haydamoqqa urundi:
— «La ilaha illalloh. Asta’firullohi azimi va atuvbi ilayhi. Bilib-bilmay qilgan gunohlarimni oʻzing mag‘firat et»,— deb kalima keltirdiyu oʻzi ichida oʻsha bundan yetmish yil ilgarigi jon holatda chag‘illagan ukkichani oʻylardi: nima balo, oʻsha narsa qaytib oʻnglanmagan ekanmi?

Narigi uydagi osma soat tonggi sokinlikni buzib, bamisoli tunggi ukki misol:
— Huq-huq-huq...— deb chiqillar edi.

Chol bu ovozdan eti junjikib, qoʻliga ilimiliq bir narsa yopishgan kabi uni siltab tashladi:
— Mendan nima istaysan?!

U bu gapni xotiniga aytdimi, yo oʻsha tungi sovuq boyqushgami — oʻzi ajratolmadi. Koʻziga u boyqushdan ham xunuk koʻrinib ketib, jaholat ichida:
— Ha, yurtimga ketyapman! Xilxonamga yetib olishimgayam qoʻymalaring! — deb berdiyu, shart oʻgirilib maxsichan chiqib keta boshladi.

Qaytib kavushini oyog‘iga ilgani kirganda ichkari jimjit, goʻyo hech kim yoʻqdek boʻlib, quloqlari beayov shang‘illar edi.

Yaxshi boʻlmadi. Necha yillik umr yoʻldoshi edi. Shuncha yil koʻngliga qarab kelib, ketar vaqtda dilini og‘ritdi. Tahorati singan ekanmi, shayton qaydan ilashib, qanday yozg‘irdi? Borib-kelib kuchi shu mushtiparga, bolalarining onasiga yetdimi? Xotin-bola-chaqasini tashlab, bu diyorlarga qochib oʻtganida kim joniga ora kirib edi? Yoʻqchiliklar zahrini birgalashib kim tortib edi?

Shuning otasi bergan jindek sarmoya tufayli shakarpazlik bilan oʻzini oʻnglab olgan, soʻng boyib ketgan emasmidi? Sening qadaming bu uyga qutli keldi, nimaga erishgan boʻlsam sen tufayli deb yurmabmidi? Endi oʻsha hisobsiz boyligiyam, bola-chaqasiyam, ichkari-tashqarili bu hovlilar ham, kimsan — Mirzahojiboy — aytuvli boy ekani ham nega koʻziga koʻrinmay qoldi? Hammasi koʻzining oqu qorasi oʻsha Mahfuzasi tufaylimi?

Agar uning daragi chiqmasa, yolg‘iz, ayol boshiga tushgan koʻrgiliklari yetmaganday og‘ir dardga chalinib kasalxonalarda yotmasa, yotganini anuv bolakaydan eshitmasa, Ollohning panohiga tashlab jim yuravergan boʻlmasmidi? Balki. Dil yarasi yangilanmasa, shaytonga boʻy berarmi edi?!. Bermasdi. Hammasidan toʻg‘rirog‘i shu. Chinrog‘i shu.

U bu diyorda barcha yoʻqotganlarining oʻrniga oʻrin bir moʻ’min-musulmon uchun lozim boʻlgan narsalarning hammasiga erishdi, topdi. Suqsurdek bir moʻ’minaga uylandi, bola-chaqa qildi. Boyib ichkari-tashqarili hovlilar soldi. Hajga qodir kishilar qatori Alloh uyini ziyorat etdi, Payg‘ambar yoʻllaridan yurib, Minolarga bordi, Arofatga chiqdi, Muzdalifada bir kecha yotdi. Qiyomat mahshargohini koʻrgandek boʻldi. Vido tavofini ado etib, muvaqqat vatan tutgan diyoriga hoji boʻlib qaytdi.

Otalar yurtiga zora yoʻl ochilsa deb, sadaqalar sochdi, zakotlar berdi. Xoʻb savoblar topdi. Kechalari tahajjud namozlari oʻqib, duolarida soʻrardi ota yurti Murjumonni, undagi Olmazor bog‘ini koʻrmoqni. Gʻir-g‘ir shamollarga koʻkragini tutgan oʻsha jannatday joyda bir lahzagina oʻtirmoqni, Izza buloqlari suvidan bir piyolagina ichmoqni, asal boʻyli bosvoldilaridan bir tilimgina totmoqni orzulardi. Orzulaganda ichlari otash boʻlib yonardiki, qoʻyaverasiz. U sog‘inchmidi, dardu oʻkinchmidi, yetib boʻlmas quvonchmidi, bir og‘iz soʻzla aytib, tushuntirib boʻlmasdi. Kundan kunga, yildan yilga, umr oʻtgan sari lovullasa lovullardiki, pasaymasdi. Taskin bilmasdi.

Axiyri shahar chekkasidan baland bir joy topdi: qarangki, bu yerda ham qir shamoli tinmas — g‘ir-g‘ir esib yotar, suv olib chiqolsa, oʻsha birinchi bog‘idan qolishmaydigan joy qilish mumkin edi. Oʻsha koʻksidagi armonni bosish uchun koʻziga na dunyo koʻrindi, na uyqu. Axiyri bu qirga ham xuddi oʻsha Murjumondagidek bir anhor suv chiqarib, ulkan hovuzu atrofidagi supalarni halqadek oʻrab oqqan anhor qazdirdi. Oʻrtani olmazor bog‘ etib, ikki yonni oʻrikzoru yong‘oqzor qildirdi. Oʻn yil deganda oʻsha birinchi bog‘idan qolishmaydigan jannat goʻsha paydo boʻldiki, uni ham Mirzaxoʻja hojimning Olmazori deb atashdi. Oʻzi armonbog‘ deb atab, unda chiroyli ziyofatlar, ilm majlislari qurar, Qur’on tilovatlar etib, bu moʻ’jizani yaratmoqni koʻngilga solgan Alloh subhanahu va taologa beadad hamdu sanolar aytar edi.

Inson ana shunaqqib yoʻq yerdan oʻziga bir taskin topib olarkan-u, bir kun kelib, u ham eskib, bu qalb qurg‘urga em boʻlmay qola boshlar ekan. Qadim Vatan sog‘inchini hech narsa bosa olmas ekan. U uyg‘onmasin, uyg‘onib oʻrtashga tushmasin ekan, atrofda malham boʻlgulik bir narsa topilmay qoladi ekan!

Ota yurtga joʻnatgan qizi ila hali oʻzi koʻrmagan, bir qur erkalab, tizzasiga olib armondan chiqmagan nevarasidan mujdalar berib, manavi mehmonlar dovon oshib kelishdiyu, anavi tilmoch yigitdan ikki enlikkina xat ham qoʻshilib, koʻksidagi armon bolaladi-ketdi! Oʻshandan beri yurakkinasi hapriqadi-toshadi. U jannatmakon ma’voni koʻrgilari kelib, ichi kuyib oʻrtanadi, oʻrtanib yana kuyadi. Bularni deb qariganda yoʻlga chiqmay qoʻya qolay desa, dunyo koʻziga tor koʻrinib boryapti, torayib boryapti. U ham eshitdi kechasi oʻsha savil qolgur ovozni. — Haq, haq... — desa ham bir baharnav edi, juftini chorlagan haqqush demoq mumkin edi. U esa, sovuqdan sovuq qilib:
— Huq, huq, huq, — etib yotar edi!

Alhazar, shuncha yil boyqush qoʻnmagan oshiyoniga u ketar mahalda, joʻnar kechada keladimi u? Xuddi bir narsadan imdod berganday, teskari bashorat etganday?!

Turiboq tahorat yangilab kelib, (islomda irim yoʻq esa-da) «Hasbiyallohu laa ilaha illallohu alay-hi tavakkalutu...» duosini yetti karra aytib, Alloh-dan g‘am-kulfatlardan nari qilishni soʻradiyu qaytib yotdi.

Shunda boyoʻg‘li ham bu duoning kuchiga dosh berolmayin qiv-qivlagancha dab boʻlib ketdiyu bog‘ tinchib, u xotirjam tortib qolib edi. Mana endi turib-turib, safar oldidan anavi befarosat yodiga solib oʻtiribdi. Qiyomatli kampiridan topgani shu boʻlsa, bu dunyoda odam bolasiga suyanmoq chikora? Hammasiga etak silkib, yolg‘iz Oʻziga tavakkul etmoqdan va tavakkal joʻnamoqdan oʻzga nima qoldi?
— Xayr, — dedi u deraza tokchasiga ket qoʻygan joyidan turib va niyatini xayrli ishlarga yoʻyib. — Oʻtgan gaplarga salovot, — dedi negadir kampiri tomon yurib va ma’zurnamo gaplarga koʻchib. — Onasi, men sendan yaxshilik koʻrsam koʻrdimki, yomonlik koʻrmadim. Men sendan roziman. Sen ham mendan rozi boʻlib qoʻy. Bilib-bilmay yoxud shayton yozg‘irib dilingni ranjitgan esam, kechirib qoʻy. Tongla mahsharga qolib yurmasin. Nafaqai ahli ayolga taalluqli burchlarimni-da unutgan joyim boʻlsa, avvalo sen, qolavursa, Allohim kechirsin. Qolgan dunyom seniki, bolalaringniki. Rasamadi ila ishlatsanglar hali koʻpga yetgay. Men bir umr orzu qilgan safarimga otlangan jo-yim, qarshi turib, dilimniyam siyoh etma, oʻzingni ham gunohga qoldirma. Jon onasi, tushun. Yozmishda borini koʻrgaymiz. Agar qaytib koʻrishmoq nasib etmagan boʻlsa, mendan rozi boʻlib qoʻy. U yoqda tentirab qolgan qizim, tomirimning tomiri — jujuq nevaramni bir koʻrgim bor. Oʻz koʻzlarimla koʻrib, xotirjam ketgim bor. Sen ham meni tushun. Otalarim, onalarim oʻtgan yurt, oʻzim tug‘ilib oʻsgan ma’vo, tanish-bilishlar tushlarimdan ketmay qoldi. Hamma-hammasi chaqiryapti, chorlayapti. Hozir bormasam, shu mavridi kelganda oʻtib olmasam, keyin borolmayman. Holim ham, madorim ham yetmagay keyin. Meni bir umrli armonga qoldirma. Qoʻlingni och, onasi. Duo qil. Zora sening duolaring ijobat boʻlib, koʻzlagan manzilimga yetib olsam.

U esa, ojiza emasmi, duo oʻrniga ham, taskin-tasalli oʻrniga ham buning yelkasiga osilib, kiftlarini silar, engil-mursaklarini oʻpib yig‘lardi, xolos. Tiliga joʻyali bir soʻz kelmasdi.

Tashqarida joʻnashga hamma narsa taxt — arava qoʻshilgan, yoʻl tadorigi koʻrilib, foytun aravaga necha qavat koʻrpachalar toʻshalgan, yoʻlda hojim urinib qolmasinlar deb, necha duxobayu par yostiqlar olib chiqilgan edi. Yurtdan kelgan mehmonlar ham allaqachon otlarini egarlab, abzal-qayishlarini tortib, duo berilishini kutib turishibdi. «Buvasini koʻrgani kelgan» mehmon bola — kemshiktoy esa, foytun arava atrofida girdikapalak. Boy ota chiqa qolsayu uning qavatiga joylasha qolsa. U dovonga qadar u kishiga hamroh, soʻng otga mingashadi. Arava dovon tagidan qaytadi, u yog‘iga hojim foytun ortiga bog‘log‘liq qari samanda (har qalay bosiq, urintirmaydigan ot) ketadilar. Roʻzimuhammad foytunga qoʻshgan ot ham yosh koʻringani bilan foytunda bir tekis yurishning xoʻb haddini olgan, boʻlar-boʻlmasga hurkib ketavermaydi. Ishqilib, hojimni urintirmay-netmay dovonga yetkazib, sarhaddan oʻtkazvorishsa, bas. U yog‘iga Xudo xalloq, qolaversa, sarhad oshib kelgan manavi mehmonlar bor, amallab yetib olishar.

Nihoyat qariya yelkasiga bosh urib tinchiy olmayotgan ayoliga:
— Boʻlar endi, onasi, yoʻlga chiqmayturib... meni toliqtirmagil, — dediyu u aziz boshni oʻzidan xiyolgina uzoqlashtirib, yelkasiga sirg‘alib tushgan oq roʻ-molni toʻg‘rilagancha ikki kaftila ikki chakkasidan tutib, u yuzni oʻziga qaratdi. — Alloh shohid, men sendan roziman, sen ham rozi boʻl, — deb ajin oralab ulgurgan va sajdaning rangi bilan ranginlangan peshonasidan oʻpdiyu qayrildi.

Nihoyat oq fotiha berilib, otlarning jilovi boʻsh qoʻyildi. Tuproq koʻcha ot tuyoqlarini oʻpib, alvido salomini aytishga va ohidan changi havoga oʻrlab, tuproq hidi anqishga boshladi. Oldinda u yurtdan mehmon boʻlib kelgan kishilar yoʻl boshlab, orqalaridan foytun ergashgan edi. U ot tuyog‘iga monand har chayqalganda tag yumshatgichimi, silkingichidanmi, qilt-qilt etgan allalaguvchi bir ovoz chiqib borar, hoji ota bilan bolakay shohona dilijonga chiqib qolgandek edilar.
— Xayr, xush qolingiz.
— Allohning panohiga. Eson boringiz.
— Ilohim, oy borib, omon qaytingiz! — Ularning ortidan shunday duolar uchar, kim yuziga fotiha tortib, kim roʻmolining uchini mijjalariga bosgan edi.

Havodan tuproq hidiga qoʻshilib, yangi tezaklagan ot tezagining hidi gurkirar edi. Qir uchlaridan rang olib, dumbul boʻla boshlagan va oldi yozni halitdan kutib olayotgan oʻriklarning qay shohidadir (albatta, g‘ir-g‘ir shabadalarga jindek yuz ochib, jindek soyasiga berkingan) sariq boshli jimit qushlar — sa’valar foytun aravayu otlardan ham hurkmay, goʻyo bu olamda rozu tasbeh aytguvchilari yolg‘iz bittadek, qolgani oʻtkinchidek — «chit-chit-chit-ov»lab sayrab yotar, hech narsaga parvo qilmas edilar. Faqat ora-chira qaerdadir — qoʻrg‘on ortidagi yong‘oqzorda shekilli zarg‘aldoqqush (har yili oʻsha azim yong‘oqlardan birining eng tepa shohiga in quradi) «qiyov-qiyov-tish-sh»lab chaqirib qoʻyardi.

Foytunga (qoʻsha-qoʻsha duxobayu paryostiqlar orasiga) jimitdek boʻlib choʻkkan cholning koʻzlari yoʻldayu vujudi goʻyo quloqqa aylangan edi. Orqada qolib borayotgan qoʻrg‘on tomondan kelayotgan har bitta ovozni (goʻyo endi qaytib eshitmasligi mumkindek, xotirasida olib qolmoqchi boʻlib!) ichiga yutub yotipti!

Allakimning bog‘i yoqalab oʻta boshlashdi. Rosa kungay, oftobga koʻkragini tutgan joy ekanmi, g‘ir-g‘ir esgan shabadasining oʻzi jannatning islarini olib kelar, bu farog‘at makonida qolaqol deb jilva qilar edi. Oʻzining Olmazor bog‘iga oʻxshab ketarkan. U ham shunday g‘ir-g‘ir shabadalar makonida edi. Qadami yetgan odam borki, ketolmay qolardi. Lekin mana, vaqti-soati kelib uni-da, barchasini-da tashlab ketmoqda. Ota makondan boʻlak hech narsa koʻzga koʻrinmay qoldi. Buni qandoq tushunmoq keragiykan? Umri poyoniga yetganigami, judolik qoʻshig‘ini aytish vaqti kelganigami? Balki, kechasigi ovoz — ukki sayrog‘i ham bejizmasdir?.. Ishqilib dovondan oʻtib olsalar, bas. Qoʻrqadigani oʻsha.

Foytun loʻkillab, uni allalar, hamisha xush yoqadigan bu allalash uzoq yurilganimi, nima uchundir hozir xush tuyulmayotgan, koʻksining alla qaerida g‘ashlik bolalab, koʻkragi torayib, nafasi siqib kelayotganga oʻxshar edi. Tavba, unga nima boʻlyapti? Holi shunchalik ekanmi? Roʻzimuhammad odamini topib, Yolg‘izdaradan oʻtkazib yuborish tadorigini koʻrib qoʻygani bilan u oʻg‘ri soʻqmoqlardan yurish oʻzi boʻlmas? Hali foytunni tashlab, orqadagi otga minish, yolg‘izoyoq soʻqmoqlardan jon hovuchlab oʻtib borish kerakdur? Unda holi nima kechadi? Bularga ortiqcha yuk boʻlmasa koshki edi!

U ikki dunyoda ham doʻst boʻlmaydigan g‘anim qavmlarga boʻy bermagan imom Shomilning soʻnggi taqdirini esladi. Oʻshanday odam ham umrining soʻnggida hajni ixtiyor etib, Ollohning uyini tavof qilgan, Payg‘ambar masjidlarida Allohdan yolg‘iz bir narsani — hoki turobini tangri aziz qilgan shu joylarda qoldirishni soʻrab uch kun ibodat qilgan ekan. Uchinchi kuni behol tortgan qariyani tuyaga ortayotgan chog‘larida tuya bexos turib ketib, imom uning ustidan qulab tushadi va qilgan duolari ijobat boʻlib, uni Baqo qabristoniga qoʻyadilar. Bunday oʻlim topmoq qanday ham xayrli. Lekin manavinday... begona yurtlarda... oʻg‘rincha sarhad oshib borayotib... ota diyorga yetdim deganda yetolmayin ketish... qanchalaram armonli!

Qariyaning mushtdek yurakkinasi xazon yanglig‘ titramoqqa boshladi va ichi sidirilib kelib, koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi. «Hasbiyallohu laa ilaha illahu alayhi tavakkaltu»ni takrorlamoqqa boshladi. U bu duoni mana necha yildirki, har tong, har oqshom yetti qaytadan oʻqib, Yaratgandan g‘am-kulfatu musibatlardan nari qilishni soʻraydi. Uni muborak safarga borganida Oltinxontoʻramdan eshitgan va shundan beri kanda qilmasdi. Alloh chindan innaka antat-tavvabur rohiym, chindan, innaka antas-samiul alim, chindan innaka antal azizul hakiym. Uning tavbayu duolarini qabul etib, oʻz hifzu himoyasida asrab keldi. Musofir yurtlarda azizu mukarram etdi. Bu iltijosini-da ijobat etgay, inshaalloh. Ota yurt havosidan nafas olmoqqa musharraf qilgay, zora. Jilla qursa, oʻshal tuproqdan ikki gaz yer nasib etmasmi, vallohi a’lam?! Begona yurtlarda qoldirmas-ku suygan qulining hokini...
— Shomni oʻtab olasizmi, boy ota? Tahorat yangilayapmiz.

Qarasa, bulbullar chah-chahlab, qumrilar sayragan soylik bir mazgilda toʻxtab turishibdi. Pastda toʻpiqdan oshmaydigan soy sharqirab yotibdi. Namxush tog‘ havosi koʻksiga moydek yoqib tushmoqda, quyosh tog‘ ortiga oʻtib ketganu soylik hamon charog‘on edi.

Chaqirgan Roʻzimuhammad ekan.
— Yo urinib qoladigan boʻlsangiz... yana oʻzingizga qarang,— oʻsha yerda oʻqib ola qoling, demoqchi boʻldi u.

Holiga qarab... oʻqisayam boʻladi-yu, lekin jamoatning savobiga nima yetsin? Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam betobliklarida ham soʻnggi kungacha namozga chiqqanlar-ku. Namozdan ulug‘roq nimamiz bor, shunga ham yaramasak?
— Tushaman, mayli. Joyni hozirlay qolinglar.

Oʻtiraverib, oyoqning ham oyoqligi qolmagan ekan, Roʻzimuhammad bir muddat silab-uqalab oʻziga keltirgandek boʻldiyu, shunda ham foytundan yosh boladek koʻtarib olib qoʻydi.

Sharqirab oqqan suv boʻyiga joynamoz yozilgan ekan, vaqt kirgach, Roʻzimuhammad takbir aytdi, Xudoyberdining hamsoyasidan boʻlak hammalari (hatto ziyoratga kelgan Kemshiktoy bolakay-da) iqtido qilib, namozga turishdi. Oʻzi sharqirab, Yaratganga tasbeh aytib yotgan soydan jonbaxsh bir nasim esar, uning ustiga tog‘ havosi, shom salqini, yana namoz halovati qoʻshilib, shunaqa bir yengillik paydo boʻlgan ediki, qariya koʻpdan bunday halovat tuymagan, xuzu ichra ibordat etmagan edi. Balki umri davomida oʻqigan namozlari ichida eng toʻkisi shu desa boʻlmas (axir, banda qusurli, toʻkisga yoʻl boʻlsin!) — halovat tuyib, erib oʻqigani mana shu edi. Yolg‘iz shu namoz uchungina ham umrdan rozi ketsa arzirdi.

Ota yurtda ham ana shunday namozlar oʻqishga musharraf etgil, yo xalloqi olam deb duo qilmoqchi edi, tezdan tushib qolgan shom qorong‘iligida otlar nimadandir hurkib, kishnab yubordilaru uni chalg‘itdilar, u duoni qisqa qilib qoʻya qoldi. Balki Xudoning xohlagani shudir, shugina boʻlgandir. Axir banda qodir qilgancha oʻqiydi, nasib etgancha soʻraydi.

Turdilar. Soydan oshib biroz yurishgach, oʻchog‘ida olov, kulbasida chirog‘ miltiragan allaqanday bir chorbog‘ga yetdilar. U shunday tog‘ yonbag‘ridagi archazor takkinasida ekan, tog‘ esa ulkan qora qoʻtosdek qiblani toʻsib yotar, boshi, sag‘rilari, beli osmoni haftimga yetib, ustida yulduzlar injudek yaltirar edilar.
— Shu yerda jindek toʻxtab, tamaddi qilib olasiz, boy ota. Aytib qoʻyilgan, — dedi Roʻzimuhammad va shox tutilgan devor tomon chaqirib bora boshladi. — Imin og‘ayov?!

Chorbog‘dan buzoqdek it hurib chiqib, chetan devorga old oyoqlarini qoʻygancha bor ovozila vovullay ketdi. Ovoz ham bor edi, uning «hovf-hovf»idan otlar-da tisarilmoqqa tushgan edilar.
— Arstan, jat!

Itning uni oʻchib, oyog‘ini tushirdi va oʻzi qayrilib keta boshladi.

Egasi otlaru foytunni koʻrgandayoq mehmonlarni tanidi shekilli oʻsha yoqdanoq yelkasi koʻtarilib-tushib kela boshladi.
— Roʻzimuhammad qardash, sizlarmu? Nachuk kachik-diz?
— Assalomu alaykum. Uzr, kuttirib qoʻydik. Otlarimizning yurishi shu, — deb siporishladi Roʻzimuhammad. Aslida otlarni nimaga qistashmaganini bu yoqdagilar tushunib turishar, unga aytolmas edi.
— Va alaykum, tusha beringiz. Yemak-ichmaklar muntazir. Kechikvotirmiz. Otlarga-da qarasinlar, yemlasinlar, — deb turib, chetan eshikni ochib chiqdi va otliqlarga qarab norozilandi: — Iy, buytib koʻpsiz, Roʻzimuhammad? Shular hamusi dovon oshgaylarmu?

Roʻzimuhammad yana siporishladi:
— Sizga qoʻsha koʻrinmasun, og‘ay, aytgan mehmonlarimizu boy otaning oʻzlari. Bular tog‘ oshib yurgan dovqur yoʻldoshlarimiz. Siz boy otani uzatib qoʻysangiz boʻldi.
— Eshon buvamizga.. yetsa molumiz, yetmasa jonumiz nisor. Qanular, hazratumni tavof etub qoʻyaluk, axur, — deb mezbon oqsoqlanib foytun tomon yuraberdi, — Allohumdi Ka’basinu tavof etgan hazratumni koʻramuz-da yekan.
— Shoshmang, men hozir, — Roʻzimuhammad oldinga oʻtib ilgariladi va avval bolani, soʻng boy otani koʻtarib olib, yerga qoʻydi.

Mezbon bolani koʻrib, hayratlandi:
— Iiy, jujuqlara varmu? Buytib davan asharlarmu, Roʻzimuhammad?

Roʻzimuhammad javob qilib ulgurmadi. Bolakay uch quloch naridagi narsani zoʻrg‘a ilg‘ash mumkin boʻlgan bu kechada yelkasi koʻtarilib-tushib kelayotgan odamni ovoziyu yurishidan tanigan edi, turgan yeridan irg‘ishlaboq unga otildi:
— Bu biz-ku, tabib amaki! Anuv kungi mehmonlariz!..

Uch yonini bahaybat tog‘lar oʻrab barcha qorong‘ilikni shu yerga qamaganday, teppasida jindek yulduzlargina jimirlab koʻrinayotgan bu tog‘ tagida bolaning ovozi jaranglab ketdi. Tog‘ havosi-da. Uning ovozi jomga urilganday jangillab chiqqan edi.
— Iy, sen kim? Qaysu me’monlar? — deb hayratlandi chorbog‘ egasi.
— Men-men, oyog‘i chiqqan... bola-chi!
— Ha-a, yurabilmiy qaytamizlab yatgan saritay, senmu? — Tog‘ qorovul bolakayni, uning hamrohlarini eslab bir yerga yetdi va engashib peshonasidan oʻp-di,— Ketvatursizmu endu?
— Qayvotmiz-qaytvotmiz.

Xaloskorini topib olgan bolakay uning bag‘riga singib ketgudek boʻlib yopisharkan, tog‘ qoravulining engillaridan oʻshandagidek bir ajoyib va allatovur islar gurkirar, ular tog‘ archalari hidimi, unga qoʻshilib ketgan ot sag‘risining terlarimi, ajratib boʻlmas edi. Otda tog‘ma-tog‘ oshib yurguvchi bir oqsoq odamdan bundan boʻlak yana qanday hidlar gurkirasin! Ustiga ustak tog‘ gullaridan dorular qiladigan tabib boʻlsa.
— Uni qarangiz-a, Hoji buvamning me’monlari yekansiz-ku, oʻzimizga tegisli yekansiz-ku, — deb u endi alpang-talpang yurgancha boy buva tomon oshiqdi va boriboq etaklariga yopishdi. — Xush kelupsiz, Eshon buva, xizmatizga jontar sadaqa.

Oʻzini tog‘ oraligida koʻrib, oʻraga tushib qolgandek dovdirab va qunishib turgan boy otaning ichiga bir ilinj-iliqlik yugurgandek boʻldi: «Allohga shukr, Ruzimuhammad yomon odam topmagan koʻrinadi. Bir chekkasi tabib, qolaversa, iymonluv ekan. Ixlosiyam cheksiz. Oqchaga yollanganlar bunday boʻlmagay. Oʻziga shukr, oʻtib olishimiz oson kecharkan. Urinib-netib qolmaskanbiz».

Jindek umid ham qariyani tetiklantirar, jindek noxushlik esa, uni chohdan chohga solmoqda, bor holini ham sug‘irib olmoqda edi. Dum bergan qovun shu-da. Safar kishilari shu-da. Jon qushi qachon puf etib uchib chiqib ketadi, inson oʻzi-da bilmay qoluvi mumkin. Ayniqsa, u tengilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar-ku, bu yonimga salom berib turib, u yonimga salom berib ulguramanmi-yoʻqmi deb. Lekin uning Alloh taborak taolodan yolg‘iz oʻtinchi ota yurt sarhadiga yetib olmoq — vatan ruxsoriga yetmoq. Oʻshal ma’vo havosidan emin-erkin bir qur nafas olsa, halovat tuysa, qani edi! Bir oyog‘ini u zaminga qoʻyib, bir oyog‘ini olib ulgurmasa ham rozi edi! Oʻsha qadamini qoʻyib ulgurarmikan?..
— Yura qoligiz, eshon pochcham, safar oldidan yarim choʻmish, yarim choʻmish bir nima tamaddi etigiz. Bizning kulbaga-da Hizr qadamu yetsun. Texim duo bergaysiz.
— Yaxshi. Siz bizni siylabsiz, Alloh sizni siylasun.

Kirdilar. Oʻshal pastak, yolg‘iz derazasi bolaning boʻyidan oshmagan, eshigidan ham engashib kirib borilgan qora chiroqli kulbada oʻtirib, zarang tovoqda mezbon aytgandek, yarim choʻmichdan et-shoʻrvaga non toʻg‘rab ichdilar. U chindan oʻsha hovlidagi tosh oʻchoqqa osilgan dekchada pishganmidi yo boʻlak joyda — ta’mi og‘izda qoladigan, oʻzi bu dunyoning taomi boʻlmagan edi. Eti qay jonivornikiyu suvi qay buloqniki ekan, mehmonlar dunyoga kelib bunday mazali yovg‘on ichmagan edilar. Alqay desalar qaytarib soʻraganga oʻxshab ketar, alqamasalar zarang kosani yalagulari kelaverar edi.

Dasturxonga fotiha oʻqilib, bu kulbada ham musulmon dunyosining har chekkasidagidek, yer-joy egalari, oʻtgan-ketganlar haqqi, duo umidida boʻlgan arvohlar haqqi ikki kalima qur’on tilovat qilindi. Alloh oʻz panohiyu hifzu himoyasida saqlashini soʻrab, turdilar.

Roʻzimuhammad shu yerga yetguncha ham kelishuv haqda og‘iz ochmagan edi, otlarga qayta egar urdirayotib yorildi:
— Boy ota, rozi boʻling. Men Sizlarni shu odamga, u kishini esa Allohga topshirdim. Og‘am butun umri shu tog‘da kechgan. Dovonning har bitta oʻru qiri, yol-g‘izoyoq soʻqmoqlari, hatto arxar yurgich yerlari ma’lum bu kishiga. Qolaversa, dovondan birinchi odam olib oʻtishlarimas. Sizga ixloslarini esa, koʻrdiz. Azonga qadar dovonga yetib chiqolsangiz, u yog‘i bir qadam — bomdodni vatan tuprog‘ida oʻqigaysizlar, — dedi u.
— Qani edi, — dedi Aka pochcha.
— Aytganingiz kelsin, — dedi Xudoyberdi.
— Qanday yaxshi, — dedi bolakay shu qorong‘i kechada irg‘ishlab.
— Rahmat, Roʻzimuhammad, — deb qarolini, qaroli emas, goʻyo farzandini quchib, koʻzlariga yosh oldi Mirzahoji.

Biroq hech kimning xayoliga inshaalloh degan soʻz kelmasdi.

* * *

Ular toʻrt otliq oldinma-ketin sel yoʻli bilan bir-birlariga ergashib, baholi qudrat tepaga oʻrlab borishar, oldinda tog‘ qorovulining xachir oti, undan keyin tizgini yoʻl boshlovchining oʻng tirsagidan bir daqiqa ham boʻshalmay kelayotgan eng baquvvat toʻriq ot — uning egariga yumshoq yostiq bog‘lanib, boy ota oʻtkazilgan, oʻzlari bellariyu korsonlaridan oʻsha otu egarga chirmab tashlangan hollaricha egar qoshini mahkam changallab borar, yonlarida otini yetaklagancha har ehtiyot shart tizzalaridan ushlab, Xudoyberdi kelar, eng orqada Saritoyni mingashtirib (har zamon ketiga shapatilab qoʻyadi, uxlab qolma deb) olgan hamsoyasi edi.

Pastda oʻrik sarg‘aygani bilan bu yerlarni hali bahor oʻz hukmiga olib ulgurmagan, ayamajuz shamollari huvillab yotar, kunduzi salgina erib jildiragan qor suvlari qaytadan tiyg‘onchiq muzga aylanib, ot oyoqlari ostida goh qirsillab sinib, mayda-mayda boʻlib ketar, goh otni ham tiyg‘ontirib, munkitay der edi.

Sovuq yuzni yalab, barmoqlarga soʻzak kiritib borar, ular hech narsani sezmas bir holga kelgan edilar. Og‘izdan chiqayotgan hovur-ku hech qancha oʻtmay soqol-murtlarda oq qirovga aylanib qolyapti. Goʻyo hammaning soqoli bir kechada oqarib chiqqandek. Bular shunchalik, Hoji buvaning holi ne kechdiykin?..

Chindan toʻn ustidan chakmonga oʻralib olgan Hojibuvaning oyoq-qoʻllaridan allaqachon muz oʻtib, chivindek joni tanining qay burjiga qochishni bilmas, butun vujudi titrab-qaltirmoqqa tushgan edi.

Dovonga qancha qolgan, otlar tuyog‘i ostida shig‘irlagan bu yax-muz, bu qum-tosh qachon tugaydi, qachongacha bu otlar kuchanib-pishqirib oʻrlaydi? Yuzni kesib, teskari qilib yuborgudek bu izg‘irin qachon toʻxtab tinadi, qachon bir panaroq joyga tushiladi? Qachon jonni qoʻshib yalab ketgudek bu sovuq, bu yalanglik tugaydi, qachon pastlay boshlashadi, bilib boʻlsa, oʻlsin agar. Har shamol huvillab oʻtganda bir g‘alati, tanish ovoz yangrab ketadi: ulardan hurkib «qiv-qiv-qiv»lagan bir qush uchib ketadiyu yana qaergadir qoʻnib olib, chaqirmoqqa boshlaydi: huq, huq, huq... Xuddi anavi kungidek, oʻz qoʻrg‘onida eshitganidek. Shu sovuq kechada unga nima bor ekan? U-ku yurtiga, ota tuprog‘iga yetib olish uchun chidab boryapti, ukkiga nima zarur? Yoki aslida hech narsa yoʻg‘u unga shunday tuyulmoqdami? Xayoliga shunday oʻrnashib qolib, ta’qib etib borayotirmi? Nega? Shaytonni quvib solmoq mumkin — duo-si bor. Duosini oʻqisangiz orqasidan yel chiqarib qirq gaz nari qochgay. Gʻam-musibatni qaytarmoq mumkin. «Hasbiyallohu»ni oʻqigaysiz. Lekin bu boyqushni, izma-iz ta’qib etib kelayotgan tun qushini qanday haydamoq mumkin? Shunga kelganda... eshitmagan ekan. Eshitgan boʻlsa ham... yodiga tushmayapti hech. Har narsaga yetgan ilmi shunga kelganda oqsamoqda. Bunga sari ich-ichidan bir qaltiroq turib, soʻng oʻsha qaltiroq- qa qoʻshilib, vujud-vujudini xunuk bir g‘ashlik kemirib bormoqdaki, oʻzi ayozda qolgan bargdek, xa- zon yanglig‘ titraydi. Toʻngib qolgan qoʻllari egar qoshidami yo tagidagi ot nogoh munkib ketsayoq oʻmbaloq oshib ketadimi, bilolmay halak. Nazarida nuqul omonat bir narsaga oʻxshab ketyapti. Balki Xudoyberdining otini atab chaqirmoq lozimdir? Nega uning tizzasidan tutib kelayotgan qoʻl... yoʻqolib-yoʻqolib qolmoqda?

Gʻuj-g‘aj, g‘aj-g‘uj, chirs-mirs, mirs-chirs — otlar goh qordan, goh muzdan bormoqdalar.

Gup, gup, gup — mushtdek yuragi boʻg‘ziga tiqilib keladi negadir.

Huq, huq, huq — sayrashini qoʻymaydi oʻsha tungi qush. U goh orqada qolib ketadi. Goh bu yonga, goh u yonga oʻtib oladi. Huq, huq, huq... Mana hozir oʻng yonidan kelmoqda bu savil ovoz.

Ergashgani-ku mayli, lekin oldilariga oʻtib olmasa boʻlgani. Sarhaddan oʻtib, ota tuproqqa yetib olgunlaricha qoʻyib bersa boʻlgani. Qoʻyib berarmikan?

Nima kerak unga? Nimani chaqirib qoʻymayapti? Koʻksida potirlab, boʻg‘ziga tiqilayotgan narsanimi? Jon qushini-ya?

Alloh asrasin. Tong oqarmay, Allohning farzini ado etmay turib, qadami ota tuproqqa tegmay turib beradimi jon... qushini? Yetdim deganda yiqiladimi? Yurt nafasi kelmay turib, nima boʻlyapti? Jilla qursa, jilla qursa, tong yorishsin. Azon aytilsin. Bomdod vaqti kirsin. Soʻnggi namozni oʻtab turib, ota tuproqqa oʻng yoni bilan yiqilsa ham mayli. «La ilaha illalloh»ni aytib ulgirib. Shungacha qoʻyib ber, ey karamli Allohim. Oʻzingdan muhlat soʻrayman. Jilla qursa, yetib boray sarhadga, oʻshal muqaddas tuproqqa. Uning boʻylariga, nasimlariga. Jilla qursa, shovurini eshitay u diyorning. Tuyay boʻylarini. Bomdodga qadar qoʻyib ber Oʻzing.

Dor tagidagilarga-da ikki rakat namoz oʻtamoqqa ruxsat etgaylar. Ikki kalima Qur’on tilovat qilmoqqa izn bergaylar. Hatto podshohlar ham. Sen ikki olam molikisan, podshohlarning podshohi. Karami keng zotsan. Bomdodning ikki rakat farzini ado etmoqqa, soʻnggi bor oʻzingga sajda etmoqqa izn ber. Majol ber, mador ber, muhlat, kuch-quvvat ber, ey mehribonlarning mehribonrog‘i. Quvg‘indi qulingni gunohlarini afv et, koʻz ochib koʻrgan yurt tuprog‘iga bosh qoʻymoqqa ijozat et. Jilla qursa, balandroq yerdan nasib et: oʻzimiz yetolmaganimiz yetolmagan, yurt nasimlari mozorimiz uzra esib tursin, yetib tursin vatan boʻylari...

Keyin Mahfuzasini chaqiribmi, bedarak ketgan kuyovini chaqiribmi, alahlay boshladi:
— Kuyovtoʻra, men Sizga ishonib edim. Boturlar ahli ayollarini, vatanlarini deb yashamaslarmi?

Holdan toygan Xudoyberdi sergak tortdi. Hoji otaning oyoqlariga yopishib-etib yurishga oshiqdi.
— Hoji ota, oz qoldi, sabr eting, — deb dalda bermoqqa urindi. — Men yoningizdaman, shu yerda- man.

Tun qushi endi chap yoniga oʻtib olgan, ovozi oldinroqdan kelmoqda edi negadir:
— Huq, huq, huq...

Tuyoq ovozlari ham ayqashib-uyqashib ketayotir: «chirs-mirs, mirs-chirs, g‘aj-g‘uj»...

Nimalar boʻlyapti? Koʻz oldiga kimlar kelib olyapti? Eng yaqinlari, jigarlari-ku. Sog‘inib yoʻqotganlari, yoʻqotib topmaganlari-ku! Mahfuzasi-ku!
— Ona qizim, opoq qizim, meni kechirib qoʻy. Senga javr ettim.

Xudoyberdi qoʻrqib ketdi. Jon holatda boy buvaning oyoqlariga yopishib, tizzalariga shappaladi:
— Hoji buva! Boy ota! Sizga ne boʻldi? Qoʻrqitmang bunday! Yo toʻxtaylukmi?

Uning shovqiniga tog‘ qorovuli ot tizginini tortib, orqasiga oʻgirildi:
— Ne boʻldu?

Boshqa otlar ham pishqirib-pishqirib toʻxtadilar. Aftidan ular ham holdan toygan, burun ustlari oqarib koʻrinar edi.
— Taqsirimning toblari qochdi shekilli, alahlayaptilar, — U nima qilamiz, degandek tikildi.
— Ayoq-qoʻldarinu uqalab baqungchu, zora beru qarasalar... Yetub qolduk.
— Qaranglar, ufqlar ham yorishib kelyapti. Oʻlmagan qulni tongga yetkazar, — dedi orqadagi hamsoyalari. Tizzasidagi bola endi uning koʻksiga bosh qoʻyib, dong qotgan, uyqu sovuqni ham yenggan edi.

Xudoyberdi otning hali u tomoniga, hali bu tomoniga oʻtib, boshsiz chavandozdek oʻtirgan qariyani (ortidan shunday koʻrinar, boshi oldga tushib ketgan edi) hali qoʻllarini, hali oyoqlarini jon holatda uqalab qaro terga tushgan, uni oʻziga keltirolmas edi.

Bir muddat oʻtib qariyaga jon bitib, u yoʻqlik-borlik orasidan bu dunyoga qaytgandek, boshini bazoʻr koʻtardi. Birinchi soʻzi:
— «Allohga shukr, bomdodga ham yetibmiz», — boʻldi. Soʻng atrofiga alanglab kimnidir izladi. Topib soʻradi:
— Xudoyberdi, azon chaqirdingizmi?

Xudoyberdi borlik-yoʻqlik orasiga tushib kalovlandi, soʻng rostiga koʻcha qoldi:
— Yoʻq, boy buva, xudo xohlasa, endi chaqiramiz. Picha bor, sahar kirishiga.
— Shundaymi? — dedi chol.
— Bu halu yolg‘on subh, chin subh — subhi soduqqa jichcha bor. Biroz yura turaylukmidi, — dedi tog‘ qorovul ham.
— Ixtiyor Sizda, — dedi qariya, — lekin yoʻl deb... bizni namozdan judo etmagaysiz?

Tog‘ qorovuli umrida birinchi marta g‘alati tortib ketdi. Oʻzini bu avliyodek odamning oldida haqirdan-haqir tuyib, qimirlashga-da, yoʻl boshlashga-da ojiz sezdi.

Soʻng uzrini bildirib:
— Jindek yursak, sarhaddan oʻtib oʻqirdik, — dedi.
— Sarhad?!.

Eshon buvaning og‘zidan uchgan soʻnggi soʻz shu boʻldi. Uning vatan ilinjida ado boʻlgan yuragi xushxabarni koʻtarolmagan edi. Jon qushi oʻsha soʻz ila qoʻshilib, chiqib ketib boʻlgan, boshi koʻksiga shilq etib tushgan edi.

Boyqush ham chaqirmas, otlar ham jim edilar.

Sarhad tomondan yolg‘iz azon tovshi eshitilar edi.

Hojimni shosha-pisha egardan yechib olib, tekis bir joyga oyog‘ini qiblaga qaratib yotqizdilar. Va nima qilmoq haqida maslahatga oʻtirgan joylarida qibla tarafdan aniq tilovat ovozi kela boshladi. Hammalari hayratda qotib qoldilar.

Koʻrinmas qori Fajr surasini yakunlab oʻqir edi:
— Yaa ayyatuxannafsul mutumainnax! Irujii ilaa robbiki roziyatammaruziyax. Fad xulii fii ibaadii vad xulii jannatii. Ma’nosi bunday edi: «Ey qaror va orom topgan jon. Qaytgil Parvardigoring tarafiga rozi boʻlgan va rozi boʻlingan holda. Va dohil boʻl bandalarim oralariga va dohil boʻl jannatimga».

Uni farishtalar oʻqirmidilar, inslarmi — hech kim bilolmadi.

Hoji Buvadan Yodgor Sovg‘alar

Hikoyachimizga ma’lum qissaning davomiga

Ruhim judayam yengil, qushday uchib ketsam-da, mumkin edi. Axir, hazilmi! Men odam siyoqidan chiqarib qoʻygan Parpi bebaxtni (yana qay ahvolda!) topgan, akamning omonatini yetkazgan va nihoyat Yakkabog‘da oxirgi vaqtlarda akamning nomidan ish koʻrib yurgan sirli kishilarni bugun oʻz koʻzim ila (men ehson berilgan xonadonda movut chakmon kiyib xizmat etgan kishilarni aytmoqdaman) koʻrgan edim.

Nasibni qarang. Bu voqeaga mengina emas, Olim akam ham shohid boʻlib qolgan, uning-da hayrati cheksiz edi. Pochcha aytmoqchi, Olloh chindan ham chevar, qudratluv zot. Boʻlmasa, kim ishonadi Parpi bebaxtning bir vaqtgi yigitlari hali ham uning xizmatida ekan degan gapga?! Yana qanday xizmatki, eshitgan faqat havas qilmog‘i mumkin. Xayr-xoʻshlashib qaytayapmiz-ku hali-hozirgina koʻrgan-eshitganlarimiz koʻz oldimizdan ketmas, uning taassurotidan chiqolmas edik.
— Voh, bizga shuni ilingan edingizmi?! Rahmat Sizga! — dedim old oʻrindiqda oʻtirgan pochchaga.

Hamon burnilariniyu unga qoʻshib soqollarini mamnun-mamnun silab-siypab qoʻyayotgan pochcha xumdek boshlarini orqaga tashlab, koʻzlari qirila menga qarab qoʻyib, jilmaydilar:
— Hidoyat degani shu, boʻtam. Agar koʻr hidoyat topsa, oʻn sakkiz ming olamni koʻra boshlaydi. Kar rahmat topsa-chi, jami mavjudotning tasbehotini tinglay boshlaydi. Bular bosh-koʻzi butun odamlar-ku.
— Harqalay, g‘alati-da, — dedi Olim akam yoʻldan koʻzini uzmay va meni quvvatlab. Soʻng qoʻshdi. — Hammasidan anuv odamning bularni izzatlab kelgani-chi. Boshqalar oyog‘ining tagiga qoʻy soʻysa bormas.
— Ha-a, Hoziq toʻramni aytasanmi? Ma’ruzalariga toʻymay qoldik-da, toʻymay. Bir yerga shoshib turgan ekanlar. Uzrlarini eshitib, javob berdik tag‘inam.
— Uzrlari? — dedim men hayron qolib.

Nusrat pochcha tushuntirdilar:
— Bir musofirgina shifoxonaga tushib qolgan ekan, shunga javob tegadirgan ekan.

Yuragim shig‘ etdi. Yalt etib qaradim u kishiga:
— Musofirmi, musofirginami? — deb qaytarib soʻradim.
— Kelin ekan, shekilli, jujug‘i ham bormish. Olib bormasam boʻlmas, dedilar.

Voh! Peshonamdan muzdek ter chiqib ketdi. Ana, xolos! Oʻsha boʻlsa, biz nima degan odam boʻldik?! Ikki birdek qaynisi turib, u kishi borsalar — uyat- ku! Nahot xabarsiz qoldik? Balki biz chiqib ketgach, orqamizdan qoʻng‘iroq boʻlgandir. Topisha olmayotgandir?

Birpasda ne xayollarga borib keldim. Lekin yonimdagilarga churq etib, og‘iz ocholmasdim.

Balki umasdir, Kennoyim men qolib, u kishiga aytmasa kerak edi? Yana kim biladi, deysiz.

Bu orada mashina g‘iz etib, pochchanikiga yetib borgan edik. Tusha boshladik. Men aytolmayman, pochcha qistashlarini qoʻymaydilar. Ichimni esa it tatalab boryapti.
— Shoʻtga kelib kirmasang, xolang nima deydi? Xafa boʻladi-ku.

Xafa boʻlishlari aniq. Lekin...
— Yedik-ichdik. Oʻzlarini koʻrdik, — dedim, qani javob bera qolsalar.

Axiyri:
— Hoy, Sanobar, bularing bilan oʻzing gaplash, — deb ichkari qarab yuraverdilar. U kishi hassalarini zardaliroq tashlab borardilar. Qarasak, chindan xafa boʻlyaptilar, noiloj ergashdik.
— Yoʻq-yoʻq, mana, kelyapmiz...
— Ha, bu boshqa gap. Qutlug‘ uydan bir piyola choysiz ketib boʻladimi? Qolaversa, biz ham g‘animat.

Qarasam, tushuntirib boʻlmaydigan:
— Unday boʻlsa, men uyga bitta qoʻng‘iroq qilib olay. Harqalay-da, qidirib yotgan boʻlishmasin, — dedim.
— Yaxshi-yaxshi. Ana, derazada turibdi, beminnat,— dedilar u kishi.

Oʻsha gapni eshitganimdan beri yuragim hapriqadi. Nazarimda qidirib topisholmayotgandek. Axiyri numerimizga tushdim, uni ayolim koʻtardi.
— Saida, men...
— Voy, adasi-ey, qaerlarda yurasiz-ey.

Xuddi yuragim sezganidek edi, tavba.
— Tinchlikmi? Aytsang-aytaqolmaysanmi? — dedim ichim g‘urmishlab.
— Axir kennoyiz chiqishlari kerak ekan-ku bugun. Siz boʻlsangiz...
— Kim aytdi? Qachon aytishdi?
— Sizlardan keyinoq, ketishlaringiz bilan...

U yog‘ini eshitib oʻtirmayoq javob qildim:
— Yaxshi, biz joʻnayapmiz. Unasalar obboraman, boʻlmasa, kutma, — dedimu goʻshakni tashlab qayril- dim.

Ular anjirning tagidagi pastak yog‘och supaga oʻtirib, fotiha qilishayotgan ekan. Borib men ham qoʻshildim.
— Ha, tinchlikmi? — dedilar xolam yuzlariga fotiha tortib boʻliboq.
— U yoqdan kelgan keliniz, — dedim men.
— Qaysi? Akangga tegishli anuv musofirginami? Daragi chiqdimi, qaerdan chiqa qoldi? — deb bir yerga yetib soʻray ketdilar.
— Shifoxonaga tushib qolgan ekan, bugun chiqadi ekan, aybga buyurmaysizlar, — dedim men oʻrnimdan qoʻzg‘ola boshlab.
— Voy, umi? Oʻsha mushfiqa kelinuvza-ya? Kelavurmaydimi bu yoqqa? Boshuvzaga koʻtarovza-ku.
— Bor, bolam. Bora qolinglar. Koʻngli yarimtaning koʻnglini olaqolinglar. Unasa, olib kelinglar. Akaginangning ahli ayoli, — deb pochchaning oʻzlari duo qilib, tura boshladilar.

Faqat Olim akam oʻziga kela olmas edi: hozirgina ichkariga qistab qoʻymayotgan odamlar kennoyimning daragini eshitiboq, bundoq oʻzgarib qolishlari chindanam g‘alati va tushunarsiz edi unga.
— Yuraqoling, «Volva»ngiz shu bugun asqotmasa, qachon asqotadi? Qolaversa, kennoyim bizni koʻrib, akamni koʻrgandek boʻladi, — dedim men.

Joʻnadik. Shundan keyingina Olim akamning savol qutisi ochilib ketdi. Ungacha pochchanikida iymanib turgan ekan.

Men hamma-hammasini — bizning yurtga qanday kelib qolganiyu avval pochchaning shahar hovlilarida, soʻng biznikida turganidan tortib, Akmal choʻloqning dalaga chiqasan, deb qilgan qiyin-qistoqlari, chiqqach odam qoʻyib oʻziga ilintirmoqchi boʻlganlarigacha, unamagach tuhmat yoʻliga oʻtganlarigacha va bu tuhmat, gap-soʻzlarga chidolmagan kennoyijonim (men buni keyin bildim-ku) bir tong shaharga tushib chiqaman deb ketgancha badar ketganlarini, biz hech yerdan topolmaganimizni aytib berdim. Oradan necha yil oʻtib, Far-g‘onalarda ishlab kelgach, bir ajoyib kunda, hech ham kutmaganimda, uni shifoxonadan topib olganimni, hozir bir shirin farzandi borligini aytdim. Ammo Chaman akam, akamning oʻsha qiyomatli doʻsti haqida esa, og‘iz ochmadim. Qanday tushunadi deb aytmadim. Qolaversa, bu tarix haqida Chaman akamning omonat gapidan boʻlak nimaniyam bilaman?!

Olim akam hiyla jim qoldi. Shunaqa soʻnikib ketganki, nazarimda hali-veri og‘iz ochib bir nima deya-oladigan holda emasdi. Chekkalariga oq oralab, oʻzi sal toʻlishib, peshonasiga bevaqt ajinlar tusha boshlagan bu xolavachcham yoʻldan koʻzini uzmay ketayotgan boʻlsa-da, xayoli allaqayoqlarda kezar edi.

Toʻzib ketgan xonadonlarini oʻylayaptimi, shu vaqtga qadar bir boshpana, bir qurg‘on qurib, odamlardek vatan tutolmaganlarini, boshlarini qovushtiradigan, qayishadigan bir mardi xudo topilmaganini oʻylab ketganmi, bilmayman. U yog‘i menga qorong‘i. Balki oʻz oilasi, taqdirini, bilagida kuchi, tomirida shijoat bor paytda, moʻmay-moʻmay topib yurgan kezlarida kerak qilib, endi roʻshnolik koʻrarmiz degan mahalida tashlab ketgan sariqsoch xotinini, bolalarini eslab ketgandir! Oʻzingniki — oʻzaging deydilar, kim begonadan oqibat topibdiki, u topsin. Achinishga arzimaydi-yu, lekin shu yoshda soʻqqabosh qolib, hammasini qayta boshdan boshlash ham osonmas-da. Qolaversa, suyanadigan kimi bor? Yolg‘iz jigarining ahvoli bu. Ayolini yurtga joʻnatgan joyda oʻzi oʻtolmay qolib ketgan. Kimga ham suyangay, kimga ham dardi-yuragini ochgay? Ichga yutishdan boʻlak qanday iloji bor?

Ammo ichga yutila-yutila zardobga aylangan u alamlar bir kun portlamasmi? Portlab adoi tamom etmasmi u yurakni?

Men uning mijjalarida nam koʻradigandek... betiga qaray olmasdim. Shunchalik bir ahvoldaman. Og‘iz ochgali, ochib — dardini yangilab qoʻygali qoʻrqib turibman.

U og‘ir xoʻrsinib, tomoq qirdi:
— Eshitdim, akam bu yoqqa oʻtolmasliginiyam, oʻtib kelgan kuniyoq olib borib, tiqib qoʻyishlariniyam. Lekin ojizasi — ayolida nima gunoh? U boyaqishning boshiga shunday kunlarni soldilarmi hali? Bilib turib-a? Shoshmay tursin, oʻsha Akmal choʻlog‘ing!..
— Boya koʻrganiz — movut chakmonlilarning kattasi unga hukm chiqarib qoʻyganmish, — dedim men.

Olim akam yalt etib oʻgirildi va bunga ham qoniqmay mashinasini yoʻl chetiga chiqarib toʻxtatdi:
— Kim?! Oʻsha Parpi-ya?.. Nima deb?
— Shariat boʻyicha hukm qilib, ijrosini akamga qoldirganmish. Oʻzi kelib, oʻzi ijro etadi deganmish.

Akam yoqa ushladi.
— Kelishini... qaerdan eshitibdi? Qaerdan bilarkan? — dedi hayrati ichiga sig‘may.

Men yelka qisdim:
— Bilmasam. Bir narsani bilsa kerakki... ma’lum boʻlsa kerakki...

U og‘ir-og‘ir bosh toʻlg‘adi:
— Qani edi kelolsa, kelolmaydi.

Endi mening ichim toshdi:
— Nega? Nega unday deyapsiz? Akamga nima boʻlgan?

U boʻshashib qoʻl siltadi, betimga qaramay bosh chayqadi.
— Soʻrama. Soʻramayam, quydirmayam, — dedi ovozi oʻzgarib.

Men yosh boladek yelkasiga yopishdim:
— Rostingizni ayting, Olim aka. Unga nima boʻlgan? Oʻzi biron narsa bilasizmi?
— Yigitlari bilan qoʻl yetmas muztog‘ga chiqib ketgan ekanmish. Olti oy deganda uch kishi qaytib tushibdi. Boshqa hech qanday ma’lumot yoʻq.
— Oʻsha uch kishi-chi, kim ekan?
— Ularni ham xorijga — Peshovargami, qayoqqa — oʻtkazib yuborishgan. izini topolmabdilar.

Ichimni bir narsa tatalab, g‘urmishlab yotibdi, lekin soʻray olmayman. Chaman akam-chi, u kimni qidirib ketgan? Axir akangni daragi chiqdi, deb ketgan edi-ku... deya olmayman. Oʻzi u haqda aytmaguncha og‘iz ocholmayapman.

Hammani qoʻyib akam, Sultonmurod akam taslim boʻlmasligini, joni shirin koʻrinib tog‘dan tushib kelmasligini bilsam-da, bir narsa deya olmay turibman. Shu alpozda Sizdan lozim emasmidi, jigaringizni qutqarish, uning uchun avf soʻrash degim bor-u, tilim aylanmayapti.
— Nima, u haliyam qidiruvdami? Gunohi shunchalik kechirilmasmi?— dedim axiyri boʻg‘zimga bir nimalar tiqilib kelib. Aftidan qaynoq yig‘i avval boʻg‘-zimga tiqilib, soʻng koʻzlarimdan toshib chiqmoqda edi.
— Gunohiki, — dedi akam aftimga qaray olmay. Oʻzi mendan battarroq bir ahvolda shekilli, — ular odam bolasi jur’at etmaydigan bir ishga jazm etib, chegaradan oʻtib kelganlar va Toʻramni oʻg‘irlab ketishga harakat qilganlar. Tag‘inam baxtiga bu kishi rozi boʻlmagan, g‘isht qolipdan koʻchib boʻldi deb...
— E-ha, — dedim men tamomi oʻzgarib va akamgilarning jur’atiga besh ketib. — Rejasining zoʻrligini koʻring. Odam bolasining tushiga kirmaydigan ish-ku!
— Shuni aytaman-da. Sherning og‘ziga qoʻl tiqib, baraka topib bularkanmi?! Tag‘inam Xudo bir asrabdi, — dedi u. — Davlat bilan oʻynashib boʻlarkanmi!..
— Bular-chi? — dedim men g‘ashim kelib.
— Nima bular? — dedi u anglab-anglamay.
— Bular butun boshli bir lashkarni boshsiz qilib, u kishini oʻg‘irlab kelishganda... ularni ham tushunsa boʻlar?

Olim akam shu men bilgan Salomxolamning oʻg‘limi, degandek boshdan-oyog‘imga angrayib qaradi, ammo tili na kalimaga, na gapga kelardi.
— Sen bilishimcha, tuppa-tuzuk idorada ishlaysan. Ammo tilingni bunaqa qoʻyib yuboraverma. Birdamas- birda kuyib qolmagin, tag‘in, — dedi xotirjam tortib.

Ichim shuv etdi, yuragim bejo tepardi. Odamiga uchrabman-ku toza, deb oʻyladim.

U mashinasini qoʻzg‘otib, yoʻlga soldi. Oraga gap sig‘may jim bora boshladik. Qayoqdan ham gap ochdim deb pushmonda edim. Ammo oʻzi ancha jim borib, soʻng nasihatga tushdi:
— Sen meni toʻg‘ri tushun. Akam, jigarim uchun mening jonim achimaydimi?!— dedi u. — Achiydi, lekin bir mening qoʻlimdan nima keladi? U oʻzini toshqin bir daryoga otgan odam. Undan yo g‘olib, yo mag‘lub boʻlib chiqishgina mumkin, xolos. Boʻlak yoʻl yoʻq. Men esam, yolg‘izman. Uning ustiga bu borada nochor-notavon bir kimsaman. Jilla qursa, dadamizning duolarini olib qoldim, u kishining vasiyatlarini ado etib ulgursam ham. Akamga yetish... unday boʻlish... menga yoʻl boʻlsin!
— Nimalar deyapsiz? — Men azbaroyi shu tomonga oʻgirilib olgan edim,— Adangizni topib, u kishining xizmatlarini qilib qolishdan hayiqmagan odam — shu gaplarni siz aytayapsizmi? Akangizga kelganda shundaymi?!— deb yuboribman.

U nochordan-nochor, xijolatlarga botib betimga qaradi:
— Nima desam, senga qanday tushuntirsam? Otamiz uchun men nima ham qilibman?! Asli u kishining duolariga boshqa birov loyiqroq, bilsang. Hov Choʻlpon otada biz koʻrgani borgan odam bor-ku — oʻsha! U otamizga hech kim qilmaydigan bir yaxshilikni qilib qoʻygan odam. Bilmagan bir kitob jinnisi, sutchi odam-da deydi. Lekin aslida topadiganini topib qoʻygan — oxirati goʻzal odam. Savob topaman degan kishi hamma yerda topsa boʻlarkan. Oʻsha kishi tufayli otamiz umrlarining oxirida oʻsha tog‘lar ortidagi mamlakatda jindek roʻshnolik koʻrib, toat-ibodatda oʻtib ketdilar. Taqdir ekan, men biroz xizmatlarini qilib qoldim, xolos.
— «Bu yoqdagilar bilisharmidi», — deb soʻragim bor-u, boyagi gapdan keyin... tilim kuyib aylanmayapti. Ammo u qarashimdanmi, turishimdanmi sezib, oʻzi dedi:
— Ming shukr, bilishsa-da, bilmaganga olishdi. Qolaversa, bizda ham insonlar ishlaydi, insongarchilikni biladiganlar ishlaydi. Barchasi sadoqat deb vijdoniyu imonini yutib yuborganmas. Ularning ham tomirida temir emas, qon oqadi, ukam!

Men tilimni tishlab qolgan edim. Ammo dilimdan:
— «Ishqilib, arqonni uzun tashlab qoʻyishgan emasmi?» — degan ishtiboh oʻtaverar edi. Axiyri aytdim:
— Yoʻq, — dedi u qat’iy qilib, — umrini yashab boʻlgan bir odam uchun unchalikka bormaydilar. Tegsalar oʻsha yangiligida tegar edilar. Endi bu eski narsa, — dedi u.
— Akangiz uchun-chi,— dedim endi har qanday istiholalarini yig‘ishtirib qoʻyib. — Agar u kishi uchun javob berish kerak boʻlib qolsa-chi? Nima qilasiz?

U menga qarab turib, noilojlikdan desam toʻg‘ri boʻlmas, alam-achchig‘ini yutolgan odamdek... kulib yubordi:
— Oʻsibsan, Maqsud, oʻsibsan. Senga gap yoʻq. Shu turishingda akamga tortibsan. Ilohim, umring oʻxshamasin, — dedi va mung‘ayib qoldi. Men unga achiniblar ketdim.

Shu mahal qarshidan kelayotgan bir mashinaning ichidan sochlari shamolda patila-patila toʻzg‘igan bir bolakayning:
— Aya, unu qarang — dodamoshina! — deb qichqirgani eshitildi va shu barobar ikkimiz ham g‘uvillab oʻtib ketdik. Ovoz tanish edi — yuragimni oʻrtab oʻtdiyu yalt etib qarasam, bolakay ham bizdan koʻzini uzmay jajji qoʻllari-la mashinani tapillatib — toʻxtatinglab boryapti.

Oʻtib ketgan shofyor nima ekan deb mashinasini chetga ola boshladi. Shundagina uni tanibman! U oʻsha tanish eski «Pobeda» edi. Men ham Olim akamga «toʻxtang-toʻxtang»ga tushib, orqaga tislantirib borsak, qay koʻz bilan koʻraylikki, boyagi mashinadan ir-g‘ishlagudek boʻlib Yodgormurod tushib kelyapti.
— Kichkina ada! Maqsud amaqu! — U chopa kelib, oʻzini quchog‘imga otdi. — Men siznu qancha kuttum — bormaduz-ku?..

Men avvaliga serrayib qolgan edim, soʻng g‘alati boʻlib ketdim. Chindan xabar ololmadim. Lekin «kichkina adasi» nimasi? Buni qaerdan topdi? Kim oʻrgata qoldi?

Choʻnqaydim. Mitti peshonasini, unga osilib tushgan qoʻng‘iroq sochlarini silay boshladim:
— Shunaqa sog‘inib kettingmi?
— Judayam.
— Qaysi koʻzlaring ila? — dedim faqat oʻzimizga xos tilda yana oʻsha oʻzimizning soʻz oʻyinimizni boshlab. Negadir hozir men shuni istab qolgan, oʻzimni shunday chalg‘itmoqda edim.

U qiz bolanikidek uzun-uzun kipriklarini yumib:
— Har ikkalasula. Endu unday qilmaysuz-a?— dedi.

Men yoʻq demoqchidek kiprik uchirdim. U esa boʻynimga yopishgan koʻyi bir irg‘ishladi va shu tob mashinaga koʻzi tushib, chalg‘idi.
— Sizlarnukimu bu dodamashina? — dedi hayratini ichiga sig‘dirolmay. — Siznu obyuradimu?

Shu payt boshqalar ham tusha boshlab, men bosh chayqadim.
— Sen tanib ol, bu mashina mana bu amaqingniki,— dedim qulog‘iga shivirlab.
— Vuy. — U bir irg‘ishlab qoʻydi va Olim akamga yotsirabroq qaradi-yu, lekin salomini unutmadi, — Assalomu alaykum.

Olim akam demaganlar oldingi mashinadan tusha boshlagan ikki ayoldan qaybiri kennoyimiz ekanini bilolmay turarmidi, alikka dovdiradi.
— Va alaykum...

Bunga sari Yodgormurod jajji mushtchalari bilan biqinimga turtar, bir narsalarni soʻramoqchi boʻlardi. Engashib qulog‘imni tutdim:
— Nima deysan?
— Milisada ishluttimu bu odam? — deb shivirladi u.

Bolaning zehniga qotib qopman!

Lekin rostini aytib boʻlarmidi unga:
— Yoʻq, sen qoʻrqma. Oʻzimizning odam, — dedim va yana engashib qulog‘iga shivirladim. — Undan koʻra, chop, ayangdan suyunchi ol. Oʻshaqdan qaytibdilar de.

U biz bilan kelinoyimiz oʻrtasidagi tarjumondek bir chiroyli yugurgiladi. U shunaqa shirintoy boʻlgan, gaplashib toʻymasdi odam. Va borib, ayasining etagiga yopishdi. Kennoyim — oʻsha men bilgan Marg‘u kenno-yimdan zig‘ircha ham farq qilmaydigan (na boʻy-bastda, na chiroyda — Xudo qismagan, aksincha, bir tomchi suvdek qilib yaratgan) shu kennoyim ancha toʻlishgan, suluv kelinlik davridan oʻtib, suluv kelinoyilar qatoriga oʻtgan edi. Tavbaki, yuzlaridagi jindek shifoxona nusxini demasa, birov uni qancha yotib, dard tortgan demasdi. Men Olim akamga sekin himo qildim: koʻrishmaysizmi?

U ham bosh silkidi: boshlay qol deya va qoʻshib qoʻydi:
— Oldinda kim, toʻram oʻtiribdilarmi?
— Ha, darvoqe... — Shundagina hijolatdan oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qoldim. Kennoyimning oldiga birinchi boʻlib yelka tutib bora boshladim.
— Assalomu alaykum, uzr, chiqishingizdan xabarsiz qopmiz.
— Aytishdu-aytishdu, chiqib ketgan ekansiz. Hech qisu yoʻq, hech qisu.

Men dadillandim:
— Tanishib qoʻying: bu kishi Olim akam... Akamning ukalari. Koʻrgani borayotuvdik...

U kelinlardek lov qizardi:
— Voy, shunaqamu?.. — Qulog‘ining yumshog‘i takkinasidagi oʻsha nori yuzlariga duv tarqadimi, yo yuzi oʻsha rangga kirdimi — bilolmay ham qoldim. Axir u kelin boʻlib, mulla akasini endi koʻrmoqdaydi, koʻrinish bermoqdaydi. Buni koʻrmoq oʻzi bir nash’ali edi va ham chin oʻzbekona ediki, u goʻzal udumlarimizni esga solmoqda edi. Odatda bunday paytda kelinning kelinsalomiyu uni koʻrganning koʻrmanasi lozim boʻlguchi edi. Biz esa, katta koʻchaning bir chekkasida na unisini, na bunisini uddalay olmagan shoʻr peshonalardek bir g‘alati alpozda turardik.

Yoʻq, birinchi boʻlib kennoyim oʻzini tutib oldi va shu vaqtda rasm boʻlgan oq roʻmolini peshonasidan sal tushirib, ikki uchidan tutgancha ta’zim ila salomga egildi.

Bundan mutaassir boʻlgan va dovdirab qolgan akam, bir qadam tisarilib, unga monand xiyol bosh egdi-yu:
— Koʻp yashang, — deya oldi.

Bu orada Toʻra buva tusha boshladilar. Men yugurib borib qoʻltiqlaridan oldim:
— Assalomu alaykum, Hoziq buva. Biz sizni urintirib qoʻyibmiz-ku. Bilsak, ola kelarkanmiz, — deb uzrimni ayta boshlab edim, u kishi tanib:
— Ie, Sizmi, xabarchi, bolam? Yodgortoyimizning akajonisiyu, bularning homiysi. Va alaykum, va alaykum. Nomizni hech tilidan qoʻymasa-ya. Ichikib qoladimi deb bir yerga yettuk.

Men esam bu maqtovlardan oʻzim bir yerga yetib, ichim esa g‘ururlarga toʻlmoqda edi. Chindan Olloh karami keng zot — akamning yodgorini ana qaerda asramoqda ekan. Va shu barobar oʻz vazifamni unutganim yoʻq: axir, Olim akamni u kishiga tanitsam, eshitib qay ahvolga tushadilar ekan? Axir kim-kim lashkari safida ot surmoqni niyat qilib sarhad oshib borgan Boturining jigari...

Bu vaqt Olim akam u kishining huzurlarida salomga og‘iz juftlab, qoʻllarini olishga hozirlangancha turar ekan, Hoziq toʻra:
— Vaalaykum, keling, — dedilaru bu kim degandek menga qaradilar.
— Xolavachchamiz... Oʻzingiz bilgan Sultonmurod akamning tug‘ishgan ukalari, — dedim mavridi oʻzi kelayotganidan mutaassirlanib.
— Hay-hay, shundaymi? Bik yaxshi-bik yaxshi, — ular qaytib koʻrishdilar va Olim akamning yelkasiga qoqib, kuragini silab qoʻydilar. — Bizning Boturning shunday jigari bor ekan-ku, shu vaqtga qadar bilmabmiz? — Soʻng azza-bazza kaft ochib, duo qildilar. — Ey Tangri taolo nasl-nasabli, tomirida musulmon qoni oqqan bu mujohidu mujovid bandalaringni iymonini komil etib, hamisha oʻz hifzu himoyangda asragin. Doʻstga zor, dushmanga xor etmagil, iloho bir-birlariga muruvvatli etgil, u dunyoyu bu dunyo judolikka uchratmagil.

Omin deya biz ham Ollohdan ijobat soʻrab, yuzlarga fotiha tortdik. Oʻtgan ham, ketgan ham bizga qarar, havaslanar edi. Havaslansa arzigulik bir palla edi. Uning yana uzoqroq choʻzilishini istab, bir-birimiz ila soʻrashib-istashardik.
— Qarang, shuncha yaqin, tanishu jigarlariz bor ekan, kelin, yolg‘izman deysiz. Alloh oʻzi bandasini yolg‘iz qoldirmagay hech. Faqat toatidan begona qil-masin. Qani, jildikmi? Har kim oʻz joyigami?— dedilar Hoziq toʻra va tobora mening pinjimga kirib borayotgan Yodgormurodni koʻrib, qoʻshib qoʻydi- lar. — Sening iching tushmasin, mayli, dodamoshinga chiqaqol.

Oldinma-ketin joʻnadik. Old oʻrindiqda turvolgan Yodgorning hali menga, hali Olim akamga yopishib, allanimalarni soʻrab-surishtirishini, quvonchi ichiga sig‘may ketayotganini koʻrsangiz edi.

Toʻra buvaning dala hovlilaridagi qoʻzichoqlariyu unga pechak yulib berganlari bormi, Koʻkterakka borganlari, bedapoyalarda toʻr sudrab, matrab tashlab, bedana ovlaganlari bormi, bari-barini aytib ado qilolmasdi. Toza yayrabdi oʻziyam, onasini, bizni sog‘inib, ichikib qolmasin deb toza koʻngliga qarabdilar. Men u kishini kitobdan bosh koʻtarmaydigan olim hisoblab edim, toza bolajon ekanlar. Yana onasini shifoxonadan olib chiqishga yetkazib borganlarini ayting. Yoki odam yaxshi qarisa, shunaqa zakiy, silai rahmga oʻch boʻlib qoladi ekanmi?

Eski Joʻvadan oʻtib, pastlikdagi tor Qorasaroy koʻchasiga burilganimizda Olim akam men tomonga zingil tashlab, savolchan qaradi:
— Qayoqqa ketyapmiz, bozor-oʻchar qilib olsak boʻlarmidi? Shoʻppayib... kirib bormaylik.

Yodgormurod biyron jovulladi.
— Opoqbuvam ertalaboq oldurib qoʻygan ekanlar-ku. Qaerga kiruvsiz?

Voh, bu masalada ham ortda qolibmiz-ku! Mehmonlardek kirib borarkanmiz-da yana? Esiz. Hamisha esimiz kech kirib yuradi. Biz bir-birimizga qarashdik. Xijolatdamizki, naryog‘i yoʻq.

Qumloqqa yetib, Kalkovuz koʻprigidan oʻtib qayrildik. Olim akam roʻparasidagi mitti koʻzgudan ajab-lanib qaradi. U aytaqolsang-chi, qayoqqa boryapmiz demoqchi boʻlardi.

Men gapni uzoqdan boshlab:
— Eslasangiz, akamning Charli degan bir shaharlik oshnasi boʻlar edi, — dedim.

Akam hayratining zoʻridan, oyog‘ini tormozgami, nimaga bosib qoʻyib, tortib oldi: «Volva» yengil selpinib, yana oqar suvdek jildi.
— Voh, bular oʻshalarnikidan panoh topgan ekanmi? Chaman akanikidan-a?

Uning hayratining cheki yoʻq edi.
— Ha-da, — dedim men, — qiyomatli oshnalar yana qanday boʻluvi kerak, sizningcha?!

U kinoyamni tushundi, ammo javob bera oladigan holda emasdi shekilli, miq etmadi. Shu orada yana Kalkovuzni kesib chiqa boshladik. Oldindagi Toʻra buvaning mashinalari Kalkovuz yoqasidagi kichkina Tolzor koʻchaga burila boshladi. Yodgormurod yana oʻrnidan turib olib, irg‘ishlashga va oʻzining qanday zoʻr mashinada kelayotganini orqamizdan chopgan oʻrtoqlariga koʻz-koʻz qiluvga tushdi:
— Ur-re, opoqbuvimlarnikiga kelyapmuz.

Men patila-patila sochlarini silab tegishdim:
— Qaer yaxshi? Qa’ng‘limi, opoqbuvanglarning dalalarimi, bu yermi?

U oq gurunchdek tishlarini koʻrsatib, jilmaydi:
— Hamusiyam.

Men boʻsh kelmadim:
— Yoʻq, sen bittasini aytgin-da. Hammasidan yaxshirog‘ini...

U oʻylanib qolib, bosh toʻlg‘adi:
— Yoʻq, hamusiyam yaxshu. Keyin sog‘unib qolsam, maylumi?

Qoʻshilishib kuldik. Bu orada bor boʻyicha kuyib tushib, shoʻppayib qolgan daraxt koʻzga tashlanib, oʻsha bir tavaqali, ostonasiga xarsang tosh yotqizilgan eshik oldida toʻxtadik. Men bexos Olim akamga koʻzim tushib, qoʻrqib ketdim. U mashinasini toʻxtatishga toʻxtatgan-u, lekin turishni oʻylamay... oʻsha kuygan daraxtga qadalib qarab qolgan, rangi quv oʻchib borar edi.
— Ha, aka?— dedim bolani tushirib yuboriboq.

U oʻziga keldi:
— Yashin tushgan shunaqa daraxtni xoʻv oʻsha mamlakatdayam bir koʻrib edim. Bu yerda ham koʻrib... g‘alati boʻlib ketdim. Buniyam... yashin qilganmi? — dedi u.

Men bosh chayqadim:
— Yoʻq, buni odamlar yoqib yuborishgan.
— Ha-a, — dedi u zoʻrg‘a oʻziga kelib. Nimaga mengzadi, tushuna olmadim.

Tusha boshladik. Bungacha oldingi mashinadagilar tushib boʻlishgan:
— Qani-qani, toy bola, ichkariga xabar qilib, suyunchiga choping, bir yoʻla shuncha mehmonni koʻrib, hayron qolishmasin, — deb turishar, bunga sari kennoyim xijolatlanib, ichkariga qistar edilar:
— Voy, shunchasi bormu, yuravuringlar, kelsanguz kimnu deb kepsuz?..

Ammo shu vaqt yolg‘iz tavaqa eshik shitob ochilib, ostonada ikki hovluqqan bolakay — ichkaridan chiqayotganiyu kirayotgani — toʻqinib ketay degancha achomlashib qoldilar.

Oq yoqali ohorli koʻylak-shim kiyib, jajjigina yigitcha boʻlib olib, (bu albatta, Toʻra buvaning ishlari shekilli!) ayasini opchiqishga borgan va olib kelayotgan Yodgor-ku oʻzini qoʻyarga joy topolmay ichkariga chopgan edi. Ammo mashina ovozini eshitib tashqariga yugurgan bolakayning hayratiyu yasan-tusani bundan zoʻr, bir qarashda uni toʻy bolami demoq mumkin edi!

Uning boshidagi ukparli doʻppisiyu, ustidagi zar toʻni, hatto oyoqchalaridagi etikchalari bu diyorniki emas, hov bizning bolalik yillarimizdagi kabi rosa ixtimat-la tikilgan, poʻrimdan poʻrim, zar toʻni- ning uqalariyu pistonlari undan-da yaltirab yonar edilar.
— Iy, Yodgor, voy qochqoq! Bormisan?! — dedi unisi — toʻy bola.
— Oʻzuz qochqoq! Kelarkansiz-ku?! — dedi buni- si — toy bola.

Toy bilan toʻy bola achomlashib chirmashib ketishgan, ukparli tikrog‘i bunisini azza-bazza koʻtarib olib, chir aylantirar, yerga oyog‘ini qoʻyar-qoʻymas, yana qaytadan quchib, yuzlarini yuzlariga suykar edi. Bu yoqda biz mutaassir:
— Ana, qanday sog‘unishib qolishibdu!
— Ichikkanlari rost boʻlsin, topishganlari rost boʻlsin.
— Birpas qoʻyib beringlar oʻzlariga, — deymiz, kulamiz. Kulamiz-u, koʻzlarimizda yosh aylanib, bir g‘alati tortib boryapmiz.

Ular esa, biz kattalarni, nainki bizni, butun dunyoni unutib, yalashib-yulqashadi, allanimalarni soʻrashib toʻyishmaydi. Toychog‘u qoʻzichoqlardek sakrab-irg‘ishlashadi:
— Rosttan qayttuzmu? — der edi Yodgor, oʻzi uning boʻyniga osilib olib.
— Keldum-keldum, — deb ishontirmoqqa urinardi bunisi.
— Butunlay-a?
— Butunlay!
— Ur-re, chopdik, opoqbuvimlarga. Ayamam keluttilar! — deb yengidan tortqilay turib, birdan Yodgor toʻxtab qoldi. Uning boshidagi ukparli doʻppisiyu zar toʻnini endi koʻrayotgandek, bir qadam tisarilib tomosha qilmoqqa, yengining uqalarini ushlab silamoqqa boshladi. Soʻng boshidagi ukpardan koʻz uzolmay:
— Zoʻr-ku, — dedi, u yog‘ini esa soʻray olmasdi, balki xayoliga ham kelmasdir. Toʻy bola irg‘ishladi:
— Bilasanmi, buni qaerda kiydirishdi? Oʻsha yoqda kiydirishdi! Sening chin buvang, u yoqdagi buvang kiydirdilar. — Soʻng sal boʻshashib, irg‘ishlashdan tiyilib, Yodgorning bilaklarini ushlab silkiladi. — Senga-da opkelayotgan edilar. Bundan-da zoʻrini. Bilasanmi, oʻzlari kiydirmoqchi edilar. Ammo... yetib kelolmadilar... Dovon og‘ir ekan.

Chap kuragimning tagida bir nima jiz achishib, tilib oʻtdi.

Men bolani tanib ulgurgan, gap nima haqda bora-yotganini ham elas-elas anglayotgandek edim. U, adashmasam, oʻsha Saritoy, Asal opaning yoʻqolgan asrandisi edi.

Oʻg‘irlab olib ketishgan boʻlsa, uni Yodgormurod deb oʻylashgan boʻlsa, qanday qaytdi, kim bilan qaytdi — kallamga sig‘dirolmasdim. Bu yoqda esa...

Bu yoqda bizni ichkariga qistay-qistay ostonaga borib qolgan kennoyim negadir birdan qalqib-tisarilib ketdi. Rangi quv oʻchib bora boshlaganini koʻrib, oʻqday otildim. U rangida rang qolmagan, xushi boshidan uchib, qoʻllari nimagadir talpingancha havoda bir tayanch topmay, oʻzi og‘ib bormoqda edi.

Kimdir «Voy, ushlang!», deb qichqirib yubordi. Menga qaerdan shuncha kuch kirib ketdi, buncha joyni qanday ikki hatlashda oʻtib, kennoyijonimni tutib qoldim — oʻzim bilmayman. Xudo asrayman desa shu ekan. U boshi bilagimda-yu, asta qaddini koʻtarib olyapman-u, yoshli koʻzlarini ochmay munglig‘din-munglig‘ shivirlar edi:
— Dadajonum, dadajonum, shuning uchun tushlarumdan ketmay qolubmu ediz? Diydor qiyomatga qolibmu edu?..

Shu kuni chip-chip obi hayot eltib oqib yotgan oʻsha Kalkovuz boʻyidagi tanish xonadonda kelinoyimning oʻz diyoriga yetib kelolmagan padari buzrukvorlariga aza ochilib, qoʻni-qoʻshni, tanish-bilishlar fotihaga kela boshladilar.

Toʻra buva quyosh og‘ib, ufqqa bosh qoʻygunga qadar Qur’on tilovat qilib berib oʻtirdilar.

U kishi goh «Yosin»dan, goh «Taborak»dan oʻqib oʻtirgan boʻlsalar-da, axiyrida savobi ulug‘ debmi, boshqa sababdanmi, «Moida» surasining oxirgi oʻn oyatini yig‘lab-yig‘lab oʻqidilar1 va uzoq duo qildilar. Nega, biz buning sirini hech tushunib yetmasdik. Tushunib yetishimizga necha qovun pishig‘i va qancha sinoatlar bor, buni-da, bilmasdik.

Ikkinchi kitob bitdi.

Rushdi Hidoyat

Uchinchi kitobdan ilk bob

Omonat (yoxud tangritog‘dan panoh topgan mujohiddan mujdalar)

Kalkovuzdan — katta suv boʻylarida boʻladigandek, namxush yel esar, buloq hidlariga monand muanbar hidlar, suv oʻtlarining tanish islari gurkirab-gurkirab ketar edi. Ana shu yellarga qoʻshilib, tol soyasi shunaqangi xush yoqmoqda ediki, oʻrnimdan jilgim kelmasdi.

Men, akam, shu koʻchalik bir necha qoʻshnilar fotihaxonlikda hassakash boʻlib turibmiz. Ular orasida oʻng betidagi nozik noriyu qosh-koʻzlari oʻziga yarashgan Chaman akam tengi bir yigit ham oʻtiribdi. U Chaman akamning qiz oʻrtog‘i, mashhur shoir emish.

Allohning xohlashiyu chevarligini koʻringki, bir kunda shuncha voqealarning shohidi boʻlib turibmiz. Boʻlmasa, kim oʻylabdi, biz bu xonadonga xursandchilik olib kela turib, bunday alamli xabar ustidan chiqamiz deb?! Qolaversa, kennoyimning tuzalib chiquvi, uning jujug‘i Yodgortoyning boshi osmonga yetib qaytuvi, shuning ustiga Akbarning osmondan tushgandek kirib keluvi — qay xursandchilikdan kam edi! Toʻyxonaga aylanib ketsa kerak bu xonadon devdim. Lekin qaerdadir koʻz tegib ulgurgan ekan. Balki, oʻsha yarim yoʻlda uchrashib qolib, koʻrishib turganimizdayoq koʻz tegib, xursandchiligimiz poyoniga yetib qolgan, bu xonadonga Saritoyning qaytuv shodligi bilan birga kennoyimga tegishli shum xabar ham yetib ulgurgan ekanmi! Chindan bu hayot quvonch va g‘amdan, shakkar va zaqqumdan, hayot va mamotdan iborat, qorishiq shekilli. Boʻlmasa, dovon oshganlar shunday kunda yetib keladilarmi? Kennoyimning aziz padari, uni bir koʻray, nevaramni bag‘rimga bosib armondan chiqay deb kela-yotgan Mirzahoji buva yetdim deganda yiqiladimi? Vatanlarini tashlab, diyorlaridan chiqarilganlarning oʻz diyorlariga qaytmog‘u yetmoqlari shunchalar dushvoru mushkul ekanmi? Yoxud Alloh oʻz rahmatiga shu tariqa doxil etgay ekanmi?

Tag‘inam inson boshi toshdan, oʻzi tamomi bardoshdan yaralgan ekan.

Ostonada toy va toʻy bolalar koʻrinishdi. Endi Yodgormurod ham Saritoyga oʻxshab yasanib olgan, akasidan bir qadam jilmas edi. Hoji buvaning ota yurtdagi nevarasiga atab olvolgan koʻrmana sovg‘alarini avvaliga irim qilib kiydirishmay turib edilar. Keyin Hoziq buva urishib berdilar. Islomda irim yoʻq, niyatni chiroyluv qilib kiydiraveringlar, buvasidan yodgor, oʻsha kishining yoshlariga yetib yursin, ilohim, dedilar.

Ayollar Yodgorni kiyintirishga kiyintirib, oʻzlari yig‘lab olishdi: zar toʻn ham, doʻppiyu etikchalar ham — barcha-barchasi quyib qoʻygandek edi, niyat xolis ekan-u, faqat koʻrish — oʻzlariga nasib etmabdi. (Mahfuz kennoyim esa, oʻziga atalgan narsalarni koʻrish u yoqda tursun, tugunni yecholmayotgan emish. Koʻrdi deguncha oʻzini tutolmay yig‘iga berilardi).

Bolalar ham tabarruk deb yasantirib qoʻyishgani bilan boyagidan ancha sipo tortib qolishgan, hech bir-birlaridan ajralmay ichkari bilan elchilik qilib turishardi. Mana, hozir ham Yodgor bilan Akbar oʻtirgan joyimizga kelib, bir narsa demoqchidek yonimga yopishib, yelkamga suykaldi.
— Xoʻsh? — dedim men qulog‘imni tutib, Akbar qolib, Yodgormurod shivirladi:
— Siznu chaqirishoptu.
— Ichkaridami? — dedim yuragim jiz etib. — Kim, ayanglarmi?
— Yoʻq, opoqbuvum.
— Koʻrinib ketarkansiz, — dedi Akbar-saritoy kattalardek.

Tushundim. Halidan beri soʻrolmayotgan narsamni aytsalar kerak. Qolaversa, oʻzim ham ketolmasdim. Kennoyim tuzalib chiqib, bolalar topilgani bilan hali bu uyga xotirjamlik indi, hamma murod-maqsudiga yetdi degani emasdi. Oytoʻra buvining koʻngillari hamon alag‘dayu, faqat buni birovga sezdirmaganday oʻsha oʻz uylarida, oq poshshoning davridan qolgan oq ruh karavotlarida (uning qubbalari hamon yarqirar, aslligidan sira qilt etmagan edi, tavba) oʻsha-oʻsha, oq-oppoq boʻlib oʻtirar edilar. Ichlari mahzun-u, tashlaridan bilintirgilari, birovga malol keltirgilari yoʻq. Menga shunday tuyulayapti. Balki men u kishining dardidan jindek xabardor ekanligimdandir bu.
— Yaxshi, — dedim toy bolalarga javob berib, ammo oʻzim ichim qurib yotsa-da, oʻrnimdan tura olmasdim. Harqalay ta’ziyali joy, oshiqmagan, hovliqmagan ma’qul. Yana soʻritok tagida oʻtirishgan qariyalar oldidan oʻtib borish lozim. Ayniqsa, Hoziq toʻramning salobatlari bosadi odamni. Choy yangilash bahonasida kirib bordim, alohal. Buvi intiq, yoʻlimga koʻz tikib oʻtirgan ekanlar, karavotlarini g‘ijirlatib, jindek qoʻzg‘olmoqqa, tavozelanmoqqa harakat etib edilar, xijolatlarga botib ketdim:
— Urinmang-urinmang. Men mana shu yerga choʻka qoldim. Oʻz uyimdek boʻlib qoldi-ku, axir, — deb deraza tagidagi koʻrpachaga choʻkkaladim.

Ammo u kishi qoʻymadilar:
— Oʻting-oʻting, odam oʻz qadrini bilmog‘i kerak. Ayniqsa, erkak kishi, — deb qistay-qistay toʻrga suriltirdilar. Soʻnggina duoga qoʻl ochdilar:
— Iloho omin, og‘ir kunda mazlumlaru yolg‘izlarga esh boʻlgan ekansiz, sizni Olloh oʻzi qoʻllasin. Yaxshiyam Siz borakansiz. Akaginangizning hurmatidan bizga shuncha qayishdiz. Siz tufayli mana, bag‘rimiz toʻlib qoldi. Kennoyingiz tuzalib chiqib, bag‘rimizga qaytdi. Saritoyim keldi.

Men battar xijolatlanib, yer suzdim, tizzalarimni uqalab, xush yoqayotgan maqtovdan oʻzimni chalg‘itmoqqa urindim.
— Avvalo Ollohning xohlashi.
— Oʻziga shukr, hazor-ming shukr. Shunchalik rahm etti. Ishqilib bu yog‘ini ham, qolgan mushkullarimizni ham oson etsin. Chamanim qaytib, sizning akaginangizning yoʻllari ham ochila qolsin, ilohim.

Oh, qaniydi, deyman ich-ichimdan bir g‘urur tuyib va ham bir munglig‘ hislar uyg‘onib, koʻzlarim esa, namlanib kela boshlaydi. Yuzlariga toʻyib-toʻyib termulgim bor-u, (axir yolg‘iz oʻg‘illari kimning g‘ami bilan yuribdi oʻsha uzoq yurtlarda?!) ammo qaray olmayotirman koʻzlariga.
— Oʻsha kunlarga yetkazsin, — dedim.
— Ilohim,— dedilar u kishi, — ertayu kech Oʻzidan suraganimiz shu. Ammo bandamiz — issiq jon — qachon omonatini oladi, bilmaymiz. Bu yoqda esa, undan darak yoʻq. Aytgan hamma muddatu muhlatlari oʻtib bitdi.
— Uzoqning ishi, koʻpam qayg‘uravermang, — dedim taskin berib.
— Shunday-ku, bu yoqda aytgan gapiyu qoldirgan omonati bor, bolam.
— Omonatki, xatlarmi?— dedim ichim g‘urmishlab. Chunki avvalgi gal bir chekkasini ochganday boʻlib edilar.
— Shunga oʻxshashroq... Oʻg‘lim boyaqish unga koʻrsatolmay Sizga qoldirgan narsalar shekilli. — Buvi mahzun tortib, yenglarini mijjalariga bosdilar va shu oʻtirgan kuylari sal qayrilib yostiqlari qatidan roʻmolchaga oʻrog‘liq bir narsa oldilar. — Mana, oʻsha narsa, oʻqisangiz bilarsiz. Faqat boyaqishginaga bildirmay turaqoling. Oʻzining g‘ami oʻziga yetarli.
— Boʻlmasa-chi, sekinroq aytasizmi, — deya oldim men shoshib. Ammo oʻzim, ich-ichimdan bir qaltiroq turib, ayozda qolgan odamday titrab boryapman: nima balo, akamning kennoyimga atalgan maktublari ekanmi, deyman nuqul. Omonatni ham qoʻlim titrab, zoʻrg‘a oldim. Qanday turib, qanday chiqdim, nimalar deb u kishiga tasalli berdim, yodimda yoʻq. Es-hushim akamdayu sochmi, mushk isimi oʻtirib qolgan qoʻlimdagi narsada edi. Uni kissamga solib-da, Olim akamgayu boshqalarga xotirjam koʻrinishga urinsam-da, oʻzimga kelolmasdim. Ming urinmay xayolim u omonat xatlarga qochib-qochib ketaverar, bedarak akamnuyu manavi musofir kennoyimning taqdiri koʻz oldimga aylanib-aylanib kelaverar edi.

Uyga keliboq, xazina topgan odamdek ichkariga kirib olib, omonatni ochsam... chindan ichim quriganicha!.. Ular — Chaman akamning ikki og‘iz iltimosiyu Sultonmurod akamning Mahfuz kennoyimga atalgan xati boʻlib chiqdi.
— Hah, — dedim ichim yonib, — bu omonatning egasi shunday yonginasida yashab turib, nechuk oʻziga berolmabdi? Ayaganmi va yo azbaroyi achinganidan bermay qoʻya qolganmi? Nimaga lozim koʻrmabdi? Yutoqib oʻqiy boshladim. Chaman akam oʻsha bir enlikkina xatida yozardi:

«Maqsud, oʻzing koʻp farosatli yigitsan. Bu omonat xatlarni avval boshdayoq oʻzingga tashlab ketavermaganimni tushunib olarsan. Har narsaning davosi vaqt. Shu jumladan, ayriliqning ham. Yana Olloh biladi, bularning taqdirini roʻzi azalda qanday bitganini. Lekin baribir, xatni mushfiqa kennoyingga berolmadim. Mavridi emas, oʻz dardi oʻziga yetadi, deb oʻyladim. Tuzalib olgunicha yarasini yangilamaganimiz ma’qul. Agar safarim choʻzilib ketsa, bu narsa oʻzingda turatursinmi, deb oʻyladim. Balki omadim chopib, akang-ning izini topsam (yangi ma’lumotlar ham yoʻq emas) u xatni koʻrsatish kerak ham boʻlmay qolar.

Ollohdan umidim koʻp, shoyad yaxshi xabarlar bilan qaytsam.

Chaman akang»

«Aytmoqchi, akangning yolg‘iz yodgoriga koʻz-quloq boʻlib tur. Dog‘da qola koʻrma. Ularni senga, seni Xudoga topshirdim».

Oq-oppoq (yon daftarmi, taqvimmi, ishqilib toʻrt tomon hoshiyasiga islimiy naqsh urilgan, harqalay xorijniki — biznikimas) qog‘ozga tanish imloda bitilgan xatni oʻqimoqqa intiqman-u, ammo yetishganimda andesha ustun kelib, (harqalay birovga atalgan!) jur’at etolmay turibman. Bosh-ketini oʻgirib, har varaqning boshlamasidagi jadvalu oʻngdan chapga bitilgan bejirim bosma yozuvu raqamlarni tomosha qilyapman-u, tishim oʻtsa oʻlsin agar. Harqalay har betning boshlamasiga shunaqa jadvalu yozuvlar urilgan, bismillosi shunday. Lekin bularning hammasi ham meni xatdan chalg‘itayotgani yoʻq, qaytaga ichimni g‘urmishlatgandan g‘urmishlatyaptiki, u yog‘i yoʻq.

Oʻrtada andisha boʻlmasa, allaqachon uni bir chekkadan yutoqib oʻqiy ketardim. Ammo oʻzimni tutib, koʻzimni yumib oʻtiribman. Oʻz-oʻzimdan soʻrayman:
— Haqqim bormi bu bitiklarni oʻqimoqqa?
— Ijozatsiz birovning xatini oʻqimoq — gunohi azim, — deydi ichimda oʻtirib olgan va men tasavvur etib-etolmayotgan mitti bolakay. Koʻzimni yumib, rosa tikilsam — oʻzim, faqat Yodgordekmi, Saritoydek paytim! (Judayam luqmon ekanman-ku!)

Unga e’tiroz bildirmoqchidek soʻrayman:
— Kennoyim, oʻsha Mahfuz kennoyim akamga atalgan bitiklarini menga ishonganda — oʻz akam, Sultonmurod akam ishonmaydimi? Nima, men begonamanmi? Bu tarixlardan bexabar boʻlsam ekanki?..

Mitti bolakay oʻrta barmog‘ini nuqib poʻpisanamo qaraydi:
— Ha, shum! Ha, quv! Oʻzingizcha, yoʻl (fatvo) qi-diryapsizmi? Ketmaydi shumliging!
— Boʻlmasa, nima qilay? Ichim qurishib oʻtiravuraymi shunday?
— Elchi-Chaman aka nima depti? Oʻqib boq. Ijozat etsa, boshqa gap.

Yutaqib Chaman akaning xatiga yopishaman va deganlarini qayta boshdan oʻqiy boshlayman.

Voh, yana qanaqa ruxsat kerak?! Chaman akamning oʻzi oʻqib boʻlgan ekan-ku. Oʻqimasa koʻrsata koʻrma, dermidi?

Ikkalasi ikkimizgayam birday aziz-ku?! Kerak boʻlsa, jonimizni berishga tayyormiz-ku! Nega bu tarixning miridan-sirigacha bilmasligimiz kerak?!

Shuurimdagi mitti bolakay endi bosh chayqab-chayqab kula boshlagandi. Goʻyo quvsan desam, farosating ham balo-ku, demoqchi boʻlardi. Shundan soʻnggina akamning bitiklarini yutaqib oʻqimoqqa boshladim. U yozar edi:

«Mening Ka’bam — diyorim tomon yuzlanib, buvalarining yurtida koʻhlik kelin boʻlib oʻtirgan jamilam Mahfuzaga. Bu men. Sizning chin orqadoshu taqdirdoshingiz Sultonmurodman. Meni qon va olov jang-gohidan ortmoqlab benajot va behush bir ahvolda olib chiqishgan kezda Siz va siznikidagilar najot farishtasidek tepamda paydo boʻlib, qirq kun duoi-jonimni qilib oʻtirgan edingizlar. Endi esa, mening diyorimda oʻchmas chirog‘im boʻlib oʻtiribsiz ekan. Koʻrib koʻnglim joyiga tushdi. Shukrki, yetib boribsiz. Ollohning oʻzi qoʻllabdiki, dadangiz aytgan odamlar qolib, bizning ishonchluv orqadoshlarimiz — xolajonlarimnikiga borib tushibsiz. Yig‘lamang ham, siqtamang ham. Oʻzingizni yolg‘iz-notavon his etmang ham. Ular mening onam oʻrnida onajonlarimdur. Sizni hech qachon yolg‘izlatib qoʻymaslar.

Toʻg‘ri, Tangritog‘da adajonisining erka va oydin qizi bilib yurgan Sizday og‘acha xonim, bor-yoʻg‘i bir xaftalik kelinposhshaga boshqa yerda boshqa vatan tutmoq, musofirginaga aylanib qolmoq oson emas. Lekin siz qay yurtga kelin boʻlib tushganingizni unutmang. Siz u diyorga begona ham, musofir ham emassiz. Oʻz ota-buvalaringiz yurti u. U yurt, u diyorga yetolmayotganlar qancha, tushlarida koʻrishga zor-intizor vatanjudolar qancha! Shukr qiling xudovandi karimga, qolgan duolaringizni ham ijobat etsin.

Men esam, men esam bu olis yurtga — Siz tug‘ilib, otalaringiz panoh topgan diyorga shon yoxud shavkat izlab kelmaganman. Oʻz elimdan topmagan erku adolatni shu yerdan toparmanmi deb, jilla qursa, shu tog‘lar oralig‘ida, dinimiz dushmanlarining qoʻli yetmas bir joy — bir diyorda odamga odamdek emin-erkin, oʻz haq-huquqini tanib, Olloh rizoligini topib yashash imkonini berguvchi bir jamiyat qura olarmizmi deb kelganman. Shu niyatda Hoziq toʻram janoblarining lashkarlariga bu tomondan qoʻshilishga urinib yotgan edik. Ammo qay bir harakat va fe’limiz Ollohga xush kelmadiki, oʻsha qoʻli kalta deb oʻylagan battol dushmanlarimiz u kishini bir kechada oʻg‘irlab ketib, biz koʻz tikkan lashkar hamda ozod Vatan kishilarini yetim qilib ketdilar.

Bir xonadon oʻz egasini yoʻqotsa, oilani otadan judo etsalar qancha odam alam-armonda qoladi-ku, bu yerda xalq, lashkar oʻz sarbonini yoʻqotib qoʻygan edi. Ular shunaqqib ozodlikning yuragiga xanjar urdilar. Unga qoʻshib iymonimizni sug‘irib olmoqchi boʻldilar.

Va biz ham bir kecha yetti otliq — yetti botur Ollohga tavakkul aylab, dovon oshmoqqa va sarhaddan oʻtmoqqa jazm etdik. Niyatimiz yolg‘iz Ollohgayu oʻzimizga ayon edi.

Koʻzi bog‘lanib, otga oʻngarilgan asirimiz esa oʻzi qaerga olib ketilayotganini bilmas, tipirchilab shovqin koʻtaray desa, qoʻl-oyog‘i chandib tashlangan, og‘zida latta edi.

Uni tog‘ oralig‘idagi oʻrmonliqqa qadar shu alpozda olib borib, soʻng buloq suvidan ichmoqqayu tahorat olmoqqa ruxsat etdik. Asir titrab-qaqshar, goʻyo biz hukmni ijro etgani kelganmiz-ku, dor oldidan unga ikki rakat namoz oʻtamoqqa ijozat etiladigandek. Oʻziga kelsin deb imkoniyat berdik:
— Hozir peshinni oʻqigaymiz, Siz ham bizning imomga iqtido qilib namozga oʻtgaysiz. Sizga zulm qilmoqchi emasmiz, — dedik. Shundagina uning yuziga qon yugurdi.

Namozdan soʻng tamaddi qilib olib, yana yoʻl tadorigini koʻra boshladik. Va shu asno bandimizga niyatni ma’lum etdik.
— Tanlang, — dedim men shart qoʻyib, — yo biz bilan ketib, shartimizga koʻnib, tirik qolasiz, yo alvido aytib, loshingiz shu oʻrmonda qolgay! Ikkisidan biri. Qaybiri ma’qul?

Asirimiz muqaddam toʻramning xos tabiblari edi, u janobga bir tomchi suvdek oʻxshab, ba’zan u kishi betob paytlarida qoʻshshoq — oʻrindoshlik vazifasini oʻtar, bilmaganlar toʻram deb quloq tutaverar ekanlar. Bizga xuddi shunisi kerak edi. U yog‘i sir edi.
— Oʻlguncha esdan chiqmaydigan bir ish qilaylik. Shunga siz koʻnib bersangiz, bas. Bir odamning oʻrniga bir kecha-kunduz uy qamog‘ida turib berasiz. Keyin orqamizdan yetib olasiz, — dedik.

Gʻururi oʻziga yetguncha ekan:
— Millatim uchun, u kishi uchun lozim boʻlsa, jonim fido boʻlsin. Axiyrigacha ham turib bergum. Jihod-ku bu! — dedi.

Biz desak, bizdan yovqurroq chiqib qoldi u. Ha, Mahfuzam, har ish niyatga bog‘liqdir. Boʻy-bastda, suvratda, shakl-shamoyilda Marshal toʻramdan bir tuki kam boʻlmagan oʻsha odam yolg‘iz shu soʻzi ila Olloh roziligini topgan, jannat bog‘chalaridan oʻziga joy hozirlab qoʻya olgan edi. Unga havas qilmoq mumkin edi. Negaki jihodni sidq ila niyat etmoqning oʻzi — ilohiy jannatga kirmoq huquqini bergay. Rafiqam, biz ham ana shunday jihodga — tog‘lar oralig‘ida sarbonidan ayrilib yetim qolgan mamlakatni asramoqqa, sarboni bilan birga oʻg‘irlangan erki-imonini qaytarib olmoqqa otlangan edik. Mahfuzam, hayotda shunday onlar boʻladiki, hamma narsa — umr, mol-mulk, dunyo hoyu havaslari barchasi oʻtkinchi ekani, foniy ekani aniq-ravshan koʻrinib qolgay. Yolg‘iz bir narsagina yashashga arzirli ekanini anglab qolgaysan, bilib qolgaysan, kishi. U ham boʻlsa jihoddir — Olloh rizoligini topib yashamoqdir. Shuning uchun ham biz ajdaho komiga qoʻrqmay kirib bormoqqa jazm etgandik va bunda yolg‘iz Ollohga tavakkul qilib, sarhad oshib borgandik.

Toʻrttamiz sarhadda qolib, toʻrttamiz (biz endi sakkiz kishi edik, asrimiz-da, bizning safimizga qoʻshilgan edi!) manzilga — toʻramning ziyoratlari- ga — u kishini uy qamog‘iga joylashtirishgan joyga qarab bormoqda edik. Tun-kechalab otliq yurib, tong-sahar Qibrayga kirib bordik va otlarimizni ishonchluv joyda qoldirib, u yog‘iga bozorga tushgan anjanlik dehqonlar siyoqida — hammamizning qiyofamiz bir xil — qora las choponu chuqur «anjan» nusxa doʻppida va ham belbog‘ — chorsida edik. Yana uzoqdan kasal koʻrgani kelayotgan odamlardek bir olam bozor-oʻchar qilib olganmiz.

Qoʻymasliklari ham mumkin ekan. Lekin toʻramning anjanlik xeshlariga muruvvat qilishdi. Harqalay uzoqdan kelibsizlar deb. Albatta, eshik og‘asi — qorovul amakining oldiga mozorbosdi narsalar toʻkib tashlangach, u ham iyib keta qoldi.

Shunday qilib, Olloh mushkullarimizni oson etib, toʻramning oldilariga kirib borsak, u janob niyatimizni eshitib, oʻz soyai-chehradoshlarini tanib («ie, hoziq toʻram, men-ku noiloj qoldim, Sizga nima bor bu diyorda?!» deb) quchoq ochib koʻrishdilar-u, ammo taklifga kelganda... koʻnmadilar.
— Men oʻzim kimmanki, asl murshidlikni da’vo etsam?! Haqiqiy hazratni koʻrmoqchimisiz, yuring, — deb meni ichkari bir boʻlmaga boshladilar va bir oq-oppoq xona eshigini qiya ochdilar.

Vo ajabki, xonaning oʻrtasiga joynamoz tashlangan va oʻshal gilamcha ustida oq-oppoq boʻlib, toʻramdan bir tuki kam boʻlmagan bir odam — hazratning oʻzlari nur toʻkib (tasbeh oʻgirib) oʻtirar edilar.
— Ana, asl boshchi, biz ham xos tabib... qoʻshshoqmiz, suvratmiz, xolos,— dedilar.

Ana shunday, habibam! Ne niyatda kelib, quruq qoʻl ila qaytmoqqa majbur qolgandik.

Alohal chor-nochor xayrlashib chiqdik. Yigit kishining avvalo sazasi oʻlmasin, sazasi oʻlsayam, oʻylagan ishi puchga chiqmasin. Holimizni tasvirlashga tilim ojiz. Hammamiz bir og‘izdan shuncha jur’at topib kelganda nahot boʻsh qaytamiz, derdik. Axiyri subhi sodiqda otlarimizni qoldirgan yerda uchrashmoqqa ahdlashib tarqalishdik. Kim takya-choyxonaga vaqt oʻldirishga, kim toʻyib uxlab — kuch yig‘moqqa ketdi. Men esam, otimning boshini avval Kalkovuz tomon, soʻng ona diyor Kattabog‘ tomon burdim. Har narsadan voqif mening qiyomatli oshnam — Chaman (ha, oʻsha men Sizga qiyin kunda qidirib bormoqni lozim koʻrgan oshnam!) Siz qay goʻshada ekaningiz xabarini berdi. Va men oʻsha sutdek oydin kechada oydan tushgandek huzuringizga kirib bordim. Buni oʻsha kecha shuncha soʻraganingizda ham aytmagandim. Endi aytmoqdaman. Negaki, oʻsha kechagi tashrifimdan hech kim voqif emasligiga va bundan keyin ham voqif boʻlmasligiga ishontirmoq edimi, hozir oʻzim ham yaxshi bilmayman. Balki Sizga erkalik qilgim kelgandir, yalintirmoqchi, shu bilan yodingizda koʻproq qolmoqchi boʻlgandirman. Oʻshanda... oʻzim Siz bilanman-u, arshi a’lodaman-ku, ora-chira turib-turib ich-ichimdan alammi, bir narsa qaynab kela boshlardi. Bir chekkasi shundan-shu yoqqa behuda kelmagan ekanmiz, deb, Sizni topganimdan Ollohga shukronalar aytsam, bir chekkasi alam g‘ashligi oʻrtardi. Ne niyatda kelib, boʻsh qoʻl ila qaytajagimiz esimga tushib, oʻzimni oʻzim yomon koʻriblar keta boshlardim. Mahfuz, meni tushuning: Biz yolg‘iz Olloh roziligini istab, shu ishga jahd etgandik. Shu yoʻlda qurbon boʻlib ketishga ham tayyor edik. Lekin na qurbon boʻldik, na bir narsaga erishdik! Bundan boshdan-da ayrilganimiz avlo edi! Negaki, u holda ham, bu holda ham niyatga yetardik. U holda shahid ketib, bu holda esa, erku iymonni qaytarib olib! Hozir-chi, nimaga ega boʻlmoqda edik?!

Oʻsha subhi sodiqda — Siz bilan pinhon xayrlashgan chog‘da tilim Siz uchun shirin soʻzlar marjonini termakda boʻlsa-da, dilim alamdan sim-sim achishar va qon yig‘lar edi. Biz Tangritog‘ga qay yuz bilan borishni bilmasdik. Bizning niyatimizdan hech kim voqif boʻlmasa-da, u Ollohga ayon edi-ku. Jihodni tilga olib, nega uning uchun jonni jabborga berib boʻlsa-da, uni poyoniga yetkazmadik?! Mana shugina — Olloh rizoligini topadigan ishni uddalamay qaytayotganimiz yurak-bag‘rimizni oʻrtab bormoqda edi.

Oy «Aka diydor qiyomatga qoldi, men Makkaga oʻtib ketgayman» deb ketgancha daragi ham, xabari ham kelmagan Islom tog‘amning boloxonalari ustida osmonning yolg‘iz koʻzidek kumush nuqralarini bearmon sochib yotar, jindek kechiksam, bozorchilar ham uyg‘onib qolishar, men esam, kelishilgan mazgilimga yetib borolmasdim. Ammo oy nurlariga choʻmib yotgan Izza soylariyu uning ikki yoq betlaridan, Kattabog‘ning bir sirli mudragan olachalpoq bog‘lari — nokzoru yong‘oqzorlaridan, anhor yoqalab ketgan tuproq koʻchasidan, sizlar qolayotgan hovlining tuproq tomlaridan koʻz uzolmasdim. Ketmasam boʻlmasdi. Yuragimning bir chekkasi uzilib qolayotgandek edi. Yana qachon qaytaman? Umuman, qaytish nasib etadimi-yoʻqmi, yolg‘iz Olloh biladi.

Mendan boʻlak odam boʻlsa, balki ketishdan ham koʻra qolishni afzal koʻrib qolarmidi. Lekin men... ketmasam boʻlmasdi! Jihod deb sarhad oshib kelgan sheriklarim bor, subhi-sodiqda koʻrishgaymiz degan va’damiz bor, soʻzim bor edi! Yetib bormasligim mumkin emasdi! U yoqda esa, Tangritog‘da esa, bizga koʻz tikkanlar qancha edi. Biz boturlarki, tinchimizni koʻzlab har yon tarqab-tarqab ketaversak, erning erligi qolgaymi? Bizki oʻz huzuri-jonimizni oʻylab keta boshlasak, elning holi ne kechgay?

Bu niyatimiz Ollohga xush kelmagan esa, boshqasi xush kelgay! Maqsad Olloh rizoligini topmoq ekan, nega qayta boshdan oʻziga tavakkul qilmaylik. Biron yoʻl — najot yoʻlini oʻzi koʻrsatar, axir?!

Yetib borsam, sherigim tipirchilab turibdi.
— Qani boshqalar?
— Ketishdi, otingni qista, omad chopdi, — deydi.
— Qanday omad?! — dedim bir oʻrtanib.

(Mahfuz, eshityapsizmi, bizga omad kulib boqibdi!)

Sherigim otini qistab, kalta javob qildi:
— Ular qilgan ishni biz qilolmaymizmi? Toʻramni oʻg‘irlab chiqdik. Elchin botur u kishini olib, joʻnab ketdi! — deydi.
— Tabib-chi, Toʻramning yalakatlari? — dedim ichim shig‘-g‘ sidirilib.
— Qoldi, erta-indin orqamizdan yetib borgay.

Men pandavaqi shu gapga ishonib oʻtiribman! Ular men yoʻldaligimdayoq boshqa rejani tuzib qoʻyishgan ekan!

Toʻramning yalakatlarini «sen toʻramdan qaering kam, oʻzing lashkarga bosh boʻlasan, qolgan viloyatlarni ham ozod etamiz, ana shu yoʻl bilan Olloh rizoligini topamiz», deb ishontirib qoʻygan ekanlar.

E, vohki, menga buni juda keyin, g‘isht qolipdan koʻchgandan soʻnggina aytishdi.

Yolg‘on — yolg‘on-da, qachon rostning oʻrniga oʻtibdi!

Soya — soya-da, asl asl-da! Hamma ham toʻram boʻlaveribdimi!

Mana bugun yog‘iydan zarba yeb, toʻzigancha toʻzib, yetti doʻst — yetti botur arang Muztoqqa bosh olib chiqib ketmoqdamiz. Yalakat «toʻram»-da biz bilan...

Mahfuzam, Siz mening yoʻqotib topganimsiz. Najot farishtamsiz. Tirik qolsam, Ollohning yolg‘iz Sizga rahmat-marhamati tufayligina omon qolmog‘im mumkin bu mashaqqatli dovon — Muztog‘dan oshib oʻtmakda. Har ne boʻlganda ham saharlarda yolg‘iz Oʻzidan soʻ-rangki, bizni ora yoʻlda qoldirmasin. Yo g‘olib etsin, yo shahid!.. Biz diyorlaridan quvilganlar yo g‘olib boʻlib, dinimizni, shariatimizni bu tog‘larda laxcha choʻg‘dek asrab qolaylik, yo shahidlik sharobini totib ketgayluk-da, janobi Haqning rizoligiga erishayluk.

Mahfuzam, yolg‘iz oʻtinchim, oʻg‘il koʻrsangiz oʻshal va’dangizga binoan, ismini — Yodgormurod qoʻygaysiz. Yana bir rijom: yolg‘iz qolganda Kalomullohning bizga atalgan oyatlarini (Oli Imron-195) oʻqib turgaysiz. U sizga yupanch va madad bergay, inshaalloh!»

* * *

Maktub mana shu varaqda uzilgan edi.

Chaman akamning topgani va hech kimga koʻrsatmay kelayotgan narsasi shuginamidi yoki yana bormi — buni bilmasdim.

U akamning xasmini yomon koʻz-yomon soʻzlardan, tuhmatchiyu malomatchilarning malomatlaridan asrab, Oytoʻra buvining bag‘rida olib oʻtirganining oʻzi har qancha tahsinga loyiqdir. Og‘ir kunda dardiga malham boʻlayotgani kamdek yana oshnamning daragini topdim deb izlab ketgani-chi? Biz ham yurgan ekanmiz-da. Jigarimizning taqdiriga achinishdan nariga oʻtmay! Axir mendan lozim emasmidi, ishxonamdan oʻsha yurtlarga ruxsatnoma olish, Sultonmurod akaginamning daragini izlab koʻrish?!

Boshiga ne koʻrgiliklar tushganda ham tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib, miq etmayin hamon uni kutib oʻtirgan kennoyim haqqi-hurmati, Yodgormurodimiz — tomirimizning tomiri oʻsha toy bola uchun ham men safarga otlanmog‘im kerak emasmi?!

Chaman akachalik hamiyatim, g‘ururim yoʻqmi?

Olim akam-chi, u nega jim?

Qachon odam boʻlamiz?..

Umuman, biz bechoralarga xorijga yoʻl bormi? Yoki haj yoʻli singari u ham berkmi?..

Murod doram — umidim bor Sultonmurod akamdan darak topmoqqa, oʻzini koʻrmoqqa. Ollohdan yolg‘iz soʻraganim shu.

Shoyad, baroyad yo rab, javobi berilsa...

5 oʻktabir, 2002 yil.
III- qism
 
Keyingi