OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMurod Mansur
Asar nomiJudolik diyori (3-kitob 1-qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Murod Mansur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Oʻzbekistan adabiyoti va san’ati» gazetasi (2005 y. 5 avgust soni.)
Hajm210KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/29
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Judolik diyori (3-kitob 1-qism)
Murod Mansur

«
... Sen vatan sog‘inchi nima bilmassan ham, Chaman! Vatan sog‘inchini vatandan hijrat etganlardan soʻra! U sog‘inch oʻrtab kelganda hamma narsa bir tomon, vatan ham bir tomon boʻlib qoluvini, uning havolaridan bir bora nafas olmoq, suvidan bir qultumgina ichmoq jahondagi jamiki narsalardan azizroq boʻlib koʻrinuvini sen qaydan bilarding, doʻstim?!
 
Mayli, elim meni quvg‘indi deb atasin, xalqim sig‘indi deb bilsin, men oʻzimni ular bilan etu tirnoqdek deb bilarman!

Sultonmurod («Sarhad oshgan maktublari»dan)
»

Muqaddima «Ibrohim Maqomi»dagi Vatanjudo...

Bismillahir Rohmanir Rohiym
Siz darsxonamda hech boʻlmagansiz. Oʻzim ham u yerga hammadan qizg‘onib, yomon koʻz, yomon nazarlardan berkitib bir narsalar bitadigan paytlarim kiraman xolos. Oʻzi tordan-tor, bitta karavotu ustol zoʻrg‘a sig‘adi. Ammo dunyoda undan osuda, undan keng joyning oʻzi yoʻq menga.

Yolg‘iz deraza tagiga oʻtirvolsam hech kim, hech narsa chalg‘ita olmaydi meni. Qolaversa, hammayoqqa parda tutib tashlaganman. Hatto qibla tarafdagi mehrobsimon deraza oʻrnidan tortib, bu yoqdagi tokchaga dovur oq-oppoq parda tortig‘liq. Oʻsha «mehrob» tarafdagisini har zamonda bir sog‘inib, koʻrgim kelib ochmasam, roʻparadagisiga koʻpdan qoʻl urganim yoʻq. U yerda kishibilmas tokchamiz boʻlib, unda nima saqlanishini hatto Saida bilmaydi. Kennoyimga shipshib qoʻymasin deb... aytmaganman. Qibla tarafdagi parda ortida esa, uzoq sharif diyordan keltirilgan boshqa narsa bor. Oʻziyam qiblaga yarashadigan. Toʻg‘rirog‘i, dunyodagi eng muborak shahar — Makkada olinib, Turkiyadami — qaerda quloch yetmas shildiroq qog‘ozga bosilgan bir suvrat... Tabarrukki, qoʻyaverasiz. Ranglari ham tiniqdan tiniq, nurlidan nurli, oʻzi shunday nozik-ado qilib olinganki, soatlab termulib toʻymaslik mumkin.

Ana oʻsha suvratdan bir qarashdayoq kishini rom etib qoʻyadigan, osmonlarga aloqador bir ilohiy nur, fayzi futuh yog‘iladiki, bu adoqsiz nur qaydan kelyapti, darhol ajratish maholdan mahol.

Har qanday koʻhlik narsa ham bir koʻrishli. Nari borsa, ikki-uch koʻzni quvnatib, soʻng ohori toʻkiladi- qoladi. Ayniqsa, u suvrat boʻlsa. Ammo bu qancha vaqt kechmasin, necha qaytalab koʻrmang — hech-hech eskirmaydi. Qaytaga har gal yangarib-jilolanib, nimasi bilandir sizni rom etaveradi, etaveradi. Sir-asrori ham shunda. Balki oyim qiblai muazzama deganlaricha bordir?..

Bunday narsalarning Hijoz tomonlardan kela boshlashi, avvalo, Xudoning inoyati. Boʻlmasa, ularga yetishish qayda ediyu, uylarimiz toʻriga ilish qayda edi!.. Biz shu yoshga kirib, Ka’baning tasviri tushirilgan joynamoz-gilamchalarni ham koʻrmagan edik. Sharif diyorning ta’rifi onalarimiz og‘izlaridan og‘izga oʻtib kelardi, xolos. Mana endi oʻsha qoʻl yetmas diyor tasvirlari...

Darvoqe, men oʻsha yodgor narsani qanday qoʻlga kiritganim haqda aytmoqchi edim, uzr.

Jumalardan birida «Qozirabot» jomesiga borsam, kitob rastasi yonida bir toʻp odam pastak oʻt-devor ustiga yoyib qoʻyilgan rangin suvratlardan koʻz uzisha olmay turibdi.

Ular shunday tiniq ham nozik-ado ediki, bir qarashda suvratmi, moʻyqalamda ishlab, soʻng chop etilganmi — ajratib boʻlmasdi. Soʻrab bildik, sharif shaharning suvratlari ekan. U tomonlarda suvrat olishu chop etish shu qadar rivojlanib, farangilardan-da oʻzib ketishibdi.

Chindan-da, piyoz poʻstidek nozik shildiroq qog‘ozlardagi suvratlar g‘aroyib darajada tiniq edi. Nuri ham bir boʻlakcha, qaragan saring dil yumshab, bir sir bosib kelaverardi. Balki hamma gap oʻsha sir-dadir. Uning tagiga yetging keladiyu, yetolmaysan. Koʻngil uzib ham ketolmaysan. Shunaqa ohanrabosi bor...

Meni nima sir bosdi, desam, yonimdagi qariyalar ham allaqanday halim tortib, mutaassirlanib qolibdilar. Qaybirlari koʻzlarida yosh, yelkalariga tashlagan belbog‘larining uchini kishibilmas mijjalariga bosib-bosib, olmoqdalar. Qaybirlari esa, u muborak tasvirlarni silab-siypab, yuz-koʻzlariga surtmoqqa tushgan edilar. Shunchalik tabarruk...

Avvaliga ilg‘amabman, shunaqa suvratlardan yana bittasi... roʻparadagi temir panjaraga ilib qoʻyilgan ekan.

Ana bunisi — hammasidan zoʻr edi! Qaragandayoq kishi chippa yopishadigan edi. Ayniqsa, oʻrtadagi «Qora uy», uning ortida osmonlarga dovur tutashgan qoʻsh minora, pastda — tavof maydoniga endi kira boshlagan oq ehromli kishilar — shunaqa jonli, tabiiy edilarki, bir qarashdayoq mixlanib qolmoq mumkin edi. Beixtiyor yaqinroq bordimu tagidan jilolmay qoldim. Ajoyib! Shu ekanmi, Allohning uyi — Ka’batulloh deganlari?!. Men oʻzimni uning tagida turgandek his etar, jindek harakat etsam — oʻsha oq ehromli umrachilarga qoʻshilib ketadigandek edim, tavba.

Ustiga ajoyib ka’bapoʻsh yopilgan «Qora uy» shunaqa bir nuqtadan suvratga olingan ediki, (balki men oʻsha nuqtaga yaqin yerda turgandirman!) oʻzimni tavof maydoniga tushib qolgandek his etar edim. Goʻyo chaqirsam ovozim oq ehromli kishilarga yetadigandek edi. Qolaversa, Ka’batulloh osmonidan ustimga bir rahmat nurimi, nima yog‘ilib, allaqanday sir bosib kelmoqda... Men shuncha gazetada ishlab, jahonni necha aylangan mashhur suvratlarni koʻrib ham hech bu holga tushmagan edim. Jonu jahonimni bunchalik qamramagan edi hech biri!

Bu esa rom etgandi-qoʻygandi! Nainki rom etgandi, men oʻzimni uning bir boʻlagidek his etmoqdaydim. Hatto anavi Allohning mehmonlaridan biriga aylanib qolgim kelmoqdaydi...

Chindan ajoyib edi «Qora uy» deganlari. Oʻzi oddiy qora toshdan-u, ammo shunday serviqor, osmonlarga aloqadorki... Hatto tepasidan aylanib suzib oʻtayotib, toʻxtab qolgandek anavi oq-oppoq pag‘a bulutlar ham bu uy, bu maydonga aloqasi bordek edilar. Har tarafdan rohatbaxsh bir nurlar yog‘ilayotgandek. Ayniqsa, farishtalardek oq-oppoq ehromli kishilar— Alloh mehmonlarining tavof maydoniga kirib kelishlarini koʻrgandayoq odam bir orziqib tushar, oʻshalarning safida boʻlib qolgisi kelaverardi. Nega shunday, siri-asrori nimada — hech tushunib boʻlmasdi.

Suvratchisi tushmagur shuncha narsani bir yoʻla qanday qamrab olibdi, bu mutanosiblikni qanday topibdi — aql bovar qilmasdi. Balki qay nuqtadan olmasin, bundan kam chiqmas, fayzi-futuhi shunday boʻlaverar? Axir uni Ka’batulloh deb qoʻyibdilar?! U yagona-ku bu jahon ayvonida!

Ana endi topgandek edim sir-asrorini: meni rom etgan narsa — oʻsha fayzi-futuh edi!

Hozir — shu turishimda ham qaerdaligimni unutib, tavof maydoniga tushib borgudek bir holatda, Ka’batullohu uning osmonidan yog‘ilayotgan fayzi-futuhning asiri boʻlib turar edim.

Kalitini topsang, qolgani oʻz-oʻzidan ma’lum boʻlib boraveradi ekan, hozir men suvratchining sirini ham bilib qolgandek edim. Ana u — qaerdan olibdi ekan! Tavof chizig‘iga yaqin bir yerda oq ehromli qora qul (uni qora oyoqlaridan zanjiligini bilmoq mumkin edi!) sajdaga bosh urib yotar, Ka’batulloh esa, xud-di oʻsha yerga yaqin joydan — sajdadan bosh koʻtara turib (!) olingandek edi! (Balki suvratchisi tushmagur uni shu koʻk chiziqqa tiz bukib turib olgandir?! Anavi sajdadagi qora qulning ortidan — uning koʻz nigohi ila olgandir?)

Nima boʻlganda ham unda moʻmin nigohi, Allohga topinadigan kishining nazari bor edi. Oʻsha nazar bilan Ka’batullohga qaragan kishi uni bor boʻy-basti ila koʻrmog‘i, osmonlarga aloqadorligini tuymog‘i va bir umrga koʻz qorachuqlariga jolab olmog‘i mumkin edi. Uning butun jozibasi ham, sir-asrori ham shunda edi!

Ana, nimaga tavofchilarga qoʻshilib ketgim kelayotgan ekan!

Ana, nimaga «Qora uy»ning sim-siyox yopinchig‘iyu uning peshtoqqa oʻxshatib tilla suvi berilgan arabiy yozuvlari — Kalomulloh oyatlaridan koʻz uzolmayotgan ekanman!

Qolaversa, Ka’baning «Ibrohim maqomi»ga qaragan tilla eshigiyu uning ortidagi haramning oq minoralariga qoʻshilib, osmon oʻzi bir olamga aylangan edi. Hay-hay, qarang, oʻsha moviy olamdan suzib kelib, ulkan alifdek osmon toqiga koʻtarilgan qoʻsh minora oʻrtasida toʻxtagan pag‘a bulutlar minoralar bilan qoʻshilib, ramziy yozuv shakliga kirgan edilar-da, bir santi ham jilmay turib qolgan edilar. Bu ham kamdek, oʻsha oq jujun bulutlardan rohatbaxsh bir nur yog‘ilar, oʻsha narsa menga-da ta’sir etayotgandek edi.

Suvratchi tushmagurlar ana shunday narsani suvratga muhrlab, keyin Turkiyadami, qaerda piyoz poʻstidan-da yupqa shildiroq qog‘ozlarga bosib, bizning diyorlarga joʻnatibdilarmi? Valloh-valloh, moʻ’jizadan qaeri kam?!.

Shu holda qancha turdim, bilmayman. Bir mahal koʻzimni oʻsha jujun bulutlardan uzib, pastda — «Ibrohim maqomi»da toʻxtab, namozga qoʻl bog‘lagan yolg‘iz hojiga qaradimu... undan-da g‘aroyib holga tushdim. Hojining yuz bichimimi, qomatimi (ishqilib alla-qaeri!) juda tanish koʻrinib ketib, boshim gir aylanishga boshladi. Bilmayman, nazarimdami yo aslida ham aylanarmidi... yaxshi ham temir panjara bor ekan, ushlab qoldim. «Bu qanday sinoat yo tasodif?» derdim oʻzimga oʻzim. Balki azbaroyi sog‘inganimdan har bitta odam u boʻlib koʻrinmoqdadir?

Bir qadam tisarilib, yana ham yaxshiroq tikil- sam — ayni oʻzi, akam! Yo qodir Alloh! Shunaqasi ham boʻladi ekanmi?!

«Ibrohim maqomi»ga kelganda Ka’baga yuzlanib, qoʻl bog‘lagancha tek qotgan (nega tek qotadi, namozmi, Qur’onmi oʻqiyotgan!) oq ehromli kishi shunchalar koʻzga yaqin ham tanish ediki, beixtiyor:
— Voh, uning oʻzi-ku! — deb yuboribman.

Chindan ham bu qandayin marhamat? Sarhad osholmay, qay diyorlarda sargardon kezgan bir vatanjudoni Alloh oʻz uyiga mehmon etib chaqirib olsa? Yorlaqasa! Otalari yetolmagan bir yerga yetib tursa? Buni qanday tushunmoq kerak?.. Balki u ham emas, boshqa vatanjudodir?.. Alloh chaqirig‘iga «labbayka va sa’dayka» aytib borgan oddiy hojidir?..

Lekin u kim boʻlganda ham bir topib, soʻng yoʻqotgan jigargoʻshamizga ikki tomchi suvdek oʻxshab ketmoqda, unga aloqador koʻp tarixlarni yodga tushirib, boshim oʻzimga xush yoqadurgan tarzda aylanib-aylanib bormoqda edi.

Shundan keyin ham bu suvratni sotib olmayinmi?! Azizlab uyimizning toʻri — qiblasiga ilib qoʻy- mayinmi?!

Yaqinroq keling, hijrat tarixining bir goʻzal — ham alamli, ham farahli qissasini Sizga ilindim. Sizga Allohdan sabr va muhabbat, oʻzimga rostgoʻylik tilab,

Maqsud Mirzo.

«Judolik diyori»ning avvalgi

kitoblaridan tanish qissagoʻy ukangiz.

Darvoqe, xonamda yolg‘iz shu suvratgina emas, bu tarixga aloqador yana bir talay narsalar ham bor. Shulardan biri — akamning «diyordagilarga xatlari»dir.

Uni Chaman akam Tangritog‘ tomonlardanmi, qaydan topib, bir osori-atiqashunos tanishi orqali berib yuboribdi. Necha vaqtdan beri elektr hisobgich ortidagi kishibilmas tokcha-tortmachamizda turibdi, ustidan parda tortig‘liq.

Hali egalariga koʻrsatmaganman. Kennoyimga shipshib qoʻyishlaridan qochib, shunday asrab kelyapman. U mushfiqaning esa, dardi oʻziga yetarli. Qolaversa, oʻsha xatlarning orqasida yana bir narsa — egasi chiqmagan bir shoda marvarid ham bor. Bu narsalarning oʻziga yarasha tarixi borki, uni bir kun kelib ochmay ilojim yoʻq. Hamonki, bu tarixni sizga ilingan ekanman, keling, yaxshisi, uni oʻsha «diyordagilarga atalgan xatlar»dan boshlay qolay.

Usiz bu judolik tarixi Sizga ham, kelgusi avlodlarga ham qorong‘i boʻlib qolmasin. Uni miridan siriga qadar nozik ilg‘ab bormog‘ingizni va davomini ilhaqlik ila kutmog‘ingizni tabiatning nozik joylaridan soʻrab qolaman.

Alloh uni barchamizga chiroyli etsin. Omin.

Birinchi Boʻlim - Sarhad Oshgan Maktublar

Qiyomatli birodarim Chamanga

«Oh, Chaman, Chaman!

Biz qandayin ham shoshqaloq yaratilgan ekanmiz?! Hatto Yaratgan egam — Allohga tavakkul qilmoqni ham oʻrniga qoʻya olmaymiz1.

Hamma sabablarini joy-joyiga qoʻygandek edik goʻyo... «Hoziq toʻram» ham lashkar oldiga chiqib, Xayit-gohga yig‘ilgan yetti yashardan yetmish yashargacha xaloyiqqa Toʻramdan kam va’z aytmagan edilar! Odamlar necha bor qalqib, takbir aytishga tushgan, va’z oxirida esa, «Oʻlsak — shahid, yutsak — g‘oziymiz!» deya oʻsha yerdanoq jangga otlangan edilar! Bunaqa yakdillik, bunaqa jonfidolikni dunyo dunyo boʻlib koʻrmagandir, Chaman.

Ammo biz pistapoʻchoqdan kema yasamoqchi boʻlgan ekanmiz!

Chindan ham qachon yolg‘on rostning oʻrnini bosibdi?! Puch toʻqning oʻrniga oʻtibdi?! Riyo Allohga xush yoqibdi?!

Biz Toʻram qaytdilar deb, shuncha lashkar, shuncha xalqning koʻzini bog‘lab, u kishining soyai chehradoshlarini oʻrtaga chiqarib qoʻyib, g‘alabaga erishmoqchi boʻlibmiz! Xalq ishonganda ham... Alloh koʻrib turib edi-ku! Nahot shuni nazardan qochirdik?! Rost imdod bilan Allohdan nusrat tilash oʻrniga biz kimni avramoqchi boʻldik? Yog‘iynimi? Ammo avvalo Allohni aldayotganimizni nega oʻylamadik? Hammadan burun shundan qoʻrqmoq lozim emasmidi?!

Ana shunaqa, Chaman! Dunyo rostlik ustiga qurilganini koʻp hollarda unutib qoʻyamiz-da, armonu pushaymonlar yog‘iga qovrulib yotaveramiz keyin. Qachon odam boʻlamiz, bosiq-vazmin tortamiz ekan, Alloh shariatini mahkam tutadigan qavmga aylanamiz ekan?! Shariatda esa, har narsa oʻz nomi ila atab qoʻyilgan: Yolg‘on — hech qachon rostning oʻrnini bosmagan. Riyo bilan kishi koʻkarmagan. Hamma narsa rostlik asosiga qurilgan va toʻg‘rilik eng birinchi fazilat sanalgan kishilik jamiyatida yolg‘onning bog‘i hech qachon koʻkarmagan! Uning mevasi hamisha mag‘lubiyat boʻlgan, zahar-zaqqum boʻlgan. Bu mana shu dunyodagisi. Oxiratdagisini-ku qoʻyaver.

Ana shunaqa, kishi shoshqaloq boʻlmasa, chin sarkarda qolib, soyasiga ergashadimi?! Biz ham Toʻram qolib, u kishining soyai chehradoshlariga ergashib, dorilomon bir diyor qurmoqchi boʻlibmiz. Yog‘iylarimizni surib tashlab, yetim qolgan saltanatni tiklamoqchi boʻlibmiz.

Niyat ulug‘ boʻlsa-da, bunday soxtakorlik ketidan nusrat kelmasligini anglab yetmabmiz. Urush hiyladir, degan gaplarga uchibmiz-u, yog‘iy qolib, oʻzimizni aldab qoʻyibmiz! Balki Toʻram rozi boʻlmasalar, bizning qaerimiz kam u kishidan, deb oʻylagandirmiz? Oʻzimizga bino qoʻyib yuborgandirmiz?..

Allohga suyangulik iymonimiz qanday — oʻylab koʻrmabmiz ham, Chaman. Ana endi mag‘lubiyat alamini totib, mushkul bir ahvolda jang maydonidan toʻzib-chekinib, qoʻl yetmas tog‘larga bosh olib ketarkanmiz, yonimizda sen kamlik qilib turibsan, Chaman. Sening yoʻqliging — xabar berib ham chaqirtirib ololmasligimiz — shunday bilinyaptiki...

Uzr, oshna, sendan bemaslahat shunday ishlar boʻlib ketdi. Bu ishni sendan sir tutishni maslahat berganlar endi betimga qaray olmayotirlar. Men ularni ham ayblay olmayman. Bu balki taqdir yozug‘i — peshonamizda boridirki, mag‘lubiyat alamini totib, boshni asramoq uchun ham bu dovon yoʻliga tushgandirmiz. Qiyomatli oshnam, sendan gina yoʻq. Jindek xabar topsang, yolini kuydirsang dunyoning narigi chekkasidan yetib kelguvchi Asror devdek, yetib kelarding-a, oʻsha xabarsiz qolgansan. Xabar bermagan — biz oʻzimiz aybdor. Bir xato — shunchalar qimmatga tushdi. Lashkar toʻzigandan toʻzib, kim yitdi, kim qoldi — bilmasmiz. Omon qolganlar bir-birimizni qora tortib, yolg‘izoyoq soʻqmoqlardan Muztoqqa panoh tortib bormoqdamiz. Taqdirning hazilimi, nima bu, bir vaqt omon qolganlarga nazar solsak, hov oʻsha sarhad oshgan sakkiz birodar — kim sog‘, kim — bir-birini ortmoqlab, janggohdan tirik chiqibmiz. Oh, Chaman, bundan — bu qaro koʻrgilikdan, jang maydonida soʻnggi qatra qonimiz qolguncha savashib, loshimiz oʻsha harb maydonida qolgani avlo edi! Jilla qursa, shahidlar qatorida ketardik!

Endi-chi, kimmiz?

Toza niyatlarni boy bergan, lashkarni halokatga yetaklagan kaltabinlar biz emasmi?

Uzr, qoʻlim muz qotib, xatlarim xunuk, soʻzlarim qovushimsiz chiqayotgan boʻlsa. Orqadagilarning yetib olishlarini kuta turib, tizzamda bitayotirman uni. Bu yer shunchalar sovuq, izg‘irinki, qog‘oz namlab, uni yozib ulgirish mahol. Siyohqalam yetguncha qog‘oz yuzidagi nam yaxlab ulguryapti, yuqorida nima qilarkanmiz bu sovuqda? Xudo toʻzim bersin ishqilib...

Men haligacha bir narsaga tushuna olmayotirman: fe’limizga qarab nusrat yuz oʻgirsa-oʻgirgandir, Chaman. Ammo Tangri nimamizga bizga shafqat-marhamat qildi, janggohdan bundayin tirik chiqardi? Zimmamizga yana qandayin yumush-imtihonlarini yuklaganki, bir-birimizni ortmoqlagan holda koʻrib turibmiz oʻzimizni? Qaysi amalimiz evaziga yog‘iy oʻqidan panoh berdi?

Balki bu bizga atalmish jazodir? Yoxud gunohimizni yuvmoqqa bir imkon — bir muhlatmiki, bundan oʻsha maydonda qolganimiz yaxshiroq edi. Nega kelib-kelib biz — oʻsha Toʻramni qaytarib olib kelmoqqa otlanib, sarhad oshgan sakkiz birodar bu qirg‘inbarotdan omon chiqib turibmiz? Buning sir-asrori nimada? Alloh biz qusurli bandalariga qusrimizning kasrini bildirib qoʻymoq uchungina shunday qildimi, tirik qoldirdimi? Toʻg‘ri, kim yarador, kim qanchalar holdan toygan, dunyo koʻziga qorong‘i bir tarzda toʻplanib turibmiz. Kalta oʻylagan bir ishimizning achchiq mevasini tatib turibmiz. Lekin baribir omon qolganimiz g‘alati — u yo bir moʻ’jiza, yo Allohning karami. Balki Alloh ibrat uchun bizni diydor koʻrsatib qoʻygandir? Rostdan ham bir-birimizning yuzlarimizga qaray olmasdik. Goʻyo mana, yolg‘onning umri qaergacha yetdi, demoqchi boʻlardigu, aytolmasdik.

Bu dunyoda kimdan nimani sir tutmoqni ham bilmoq kerak ekan, Chaman. Azmu qarorimizni hammadan sir tutsak ham... sendan yashirmasligimiz kerak edi. Sen mening bu dunyoda eng ishonimli doʻstim eding, orqadoshim eding. Senga bir uchini chiqarganimda ham... qaytargan boʻlarding bu falokatdan. Soya — soya-da: boʻy-bast, yuz-chehra, ovoz oʻxshagani bilan qalb-chi, shijoat, iymon-chi, degan boʻlar eding. Hamma Toʻram boʻlaveribdimi! Xaloyiqni oyoqqa turg‘azib, yog‘iyni yengaveribdimi?! Amallari Allohga xush kelaveribdimi, degan boʻlar eding. Sen haqsan. Qani edi hammamiz ham u kishidek Allohga tavakkul qila bilsak, Payg‘ambar yoʻllarini ushlay bilsak.

Ushlay olmaymiz, ojizligimiz shunda. Sen boʻlsang, bizni bu soxta shijoatlardan qaytargan boʻlarding. Yokim dovqur deb atalishga uchdikmi? Shunday nomlar koʻzimizni koʻr, qulog‘imizni kar qilib qoʻyganmidi yo? Shularni oʻylasam, yuragim orqaga tortib-tortib ketadi, simillablar ketadi, Chaman. Axir tong-la Mahsharda Allohning huzuriga qay yuz bilan borardik unda? Tag‘inam Alloh oxirat sharmisorligidan asrabdi, Chaman. Niyatga qarabdi. Niyat esa, dorilomon bir diyor qurmoq edi...

Ilk qoʻnalg‘adayoq (qoʻnalg‘aki, ulkan qoya tagidagi supradek supachada — xatni ham shu yerda davom ettiryapman!) nafas rostlar ekanmiz, Elchin boturning ustozi Qori akaning nasihatlari boshqalarga bilmadim-u, menga qanday yoqib tushganini bir eshitsang edi.
— Tag‘inam Allohning karami keng. Qaysi bir amallarimizga u bizni qon va otash daryosidan omon chiqaribdi. Bu yog‘iga sinovi oson kechmas. Endi mahkam boʻlinglar, oʻziga tavakkul qilinglar, — dedilar u kishi.

Qori aka bizni xushyor boʻlishga chaqiryaptilar desam, orqasidan soʻrab qoldilar:
— Bilasizmi, qiyomat kuni birinchi boʻlib, Allohning huzuriga kimlar chaqirilgay?
— Savol-javobgami? — dedik hayratga tushib.
— Shunday, hammaning Alloh huzuriga borishi bor. Lekin birinchi chaqirilib, birinchi soʻraladiganlar...
— Bilmasak...
— Birinchi boʻlib shahid chaqiriladi ekan. U olib kelinib, Alloh bergan ne’matlar tanitilgach: «Bular ila nima qilding?» deb soʻraladi, ekan...
— Yoʻg‘-e, deb yuboribman men..
— Ha, ha, «Sening yoʻlingda jang qildim va shahid boʻldim», — deydi ekan u.
— «Yolg‘on aytding, sen shijoatli deb atalish uchun jang qilding. Shundoq deyildi ham», — deydi ekan ul Zot. Soʻng farishtalarga amr etilib, u yuztuban sudratilgancha jahannamga itqitilar ekan...

Yurak orqaga tortib, «voh» deb yuboribmiz. Axir biz ham shu holga tushuvimizga bir bahya qolgan ekan-ku, Chaman!

Xudo koʻrsatmasin, agar shu jangda shahid ketganimizda nima boʻlar ekan?! Alloh Oʻzi asrabdi!
— Ana, nimaga uchib, nimaga duchor boʻlay degan ekanmiz?!

Dumini gajak qilib olgancha yugurgilab borayotgan chayonni koʻrganda kishi qay ahvolga tushadi?! Hozir etlarim orasiga ana oʻshandek bir jimirlov yugurgan edi, Chaman. Oʻzim esa, yaxshiyam yog‘iy oʻqiga uchib-netmabmiz, der edim, Allohga shukrlar aytardim. Bu yog‘i jon foydaga qolgan, endiyam oxiratni oʻylamaslik mumkin emasdi.

Chaman, birodarim, Alloh menga ikkita doʻst ato etgan boʻlsa, oʻshaning bittasi sensan. U agar bitta boʻlsa, oʻsha ham oʻzingsan!

Bu diyorlarda men bir rivoyat eshitdim: Alloh qiyomat kuni odam bolasidan mehrni koʻtarib, oʻziga qaytarib olib qoʻyadi ekan. Ana oʻsha qiyomatda har kim oʻzi bilan oʻzi ovora boʻlib qoladi ekan. Ota bolaga, bola otaga qaramas, qiz onani, ona qizini «tanimas» ekan. Shafqat yoʻqoladi ekan. Rahm-marhamat degan narsalar oʻrtadan koʻtariladi ekan. Ana shu damda bir qorindan talashib tushgan Hasan-Husanlar, Fotima-Zuhralar bir-birlaridan qochadilar ekan, savobimdan soʻrab qolmasin deb. Bir paysa savob anqoning urug‘iga aylanib, uni tilanib yurib ham topib boʻlmay qoladi ekan.

Ana shunday kunda bir paysagina savobi yetmay qolgan bir banda zir yugurib heshu aqrabolarini izlab yursa, hech kim qayrilib qaramasmish. Jigariga borsa, jigari yuz burib ketarmish. Bir umrli yor-birodarlariga borsa, ular oʻzlari kimdan soʻrashlarini bilmay turadilar ekan. Nihoyati bir paysa savob topilmasa-ya! Jannatdan qanday umid uzsin? U yana tanish izlab yugurgilab ketibdi. Axiyri xomushdan-xomush turib qolgan bir birodarini uchratibdi.
— Ey aziz birodar, u dunyodagi yaqinligimiz haqqi, yordam qil. Bir paysagina savob yetmay doʻzaxga tushadigan boʻlib turibman. Hech kim rahm qilmayotir,— deya oʻtina ketibdi.

Shunda haligi tanishi kutilmaganda:
— Sen bir paysani topolmayotgan boʻlsang, oʻ-hoʻ, menga yoʻl boʻlsin ekan, — debdi vallomatligi tutib: — Meni bor-yoʻg‘i bir paysagina savobim bor ekan, ol, shu bilan ishing bitsa, — deb yuboribdi...

Ana shu tob buni koʻrib turgan Alloh subhanahu va taolo:
— Ey yolg‘iz bir paysa savobini birodariga ilingan bandam, qayt, — deb chaqiradi ekan va: — birodaring qoʻlidan tut-da, ikkingiz jannatga kiringiz, — deb marhamat qiladi ekan...

Sen mening ana shunday birodarimsan, Chaman. Orqadoshimsan. Hech kimda rahm-shafqat qolmagan kezda ham senga ishonmoq mumkin! Men qachonlardir qilgan bir yaxshiligim evaziga — xoʻv oʻsha Zokir-govni chiroqpoya qilib ketganimizda oʻtqazib qoʻyishgani, pochcha qutqarib olgani borganlarida aytgan soʻzim, sensiz chiqmaganim uchun — shuncha yaxshiliklar qilding. Allaqachon qamalib ketadigan mendek odamni qay diyorlarga chiqarib-qutqarib yuribsan. Kafil turmagil — kafansiz ketasan, desalar-da, oʻz bilganingdan qolmay kelasan. Jahon vallomatlari doʻstga sadoqatni sendan oʻrgansinlar.

Agar sen boʻlmasang, kafil turmasang, qadamim bu diyorlarga tegishi, bu jihodlarda yurishim dargumon edi. Yurgizib qoʻyishmasdi: allaqachon quyosh betini koʻrmaydigan joylarga tiqib tashlashar edi, vallohi a’lam. Sen boʻlmasang bizni bu haloskorlar safiga qoʻshib qoʻyarmidilar! Tangritog‘ga yoʻlatarmi edilar! Niyatimizni bilishsayoq, peshonamizdan otardilar.

Sen chindan qiyomatli doʻstsanki, bu yoqda bizni asrading, u yoqda ahli ayolimni qanoting ostiga olib oʻtiribsan. Bu yaxshiliklaringni qiyomatga dovur qaytara olamanmi ekan? Qaytara olmasam rozi boʻlib qoʻyasan, oshna. Yolg‘iz Allohdan oʻtinchim shuki, bu silai rahmlaring ajrini Oʻzi ming barobar qilib qaytarsin. Bu dunyoda yuz koʻrishtirmasa... yoʻq-yoʻq, farishtalar omin demay turib, Allohdan bir oʻtinchim bor: u bizni jilla qursa, bir bor koʻrishtirsin, diydoringni shunchalar sog‘inganman! Qolaversa, dunyo kezib sendayin bir sadoqatli doʻst topmadim...

Chaman, taqdir yozug‘ida nimalar bor, bilmasmiz. Agar qayta koʻrisholmasak deb ushbu maktublarni senga atab qoʻnoq boʻlgan manzillarimizda qoldirishni niyat qildim. Doʻstim, uni oʻzing bilgan uslub- da — hov oʻsha ulug‘ jihodchi Zakiy Validiyning tan soqchisi Xoris rahmatli oʻylab topganidek qilib, shishaga solib, qoʻnoq boʻlgan joylarimizning qibla tarafiga koʻmish va xaritaga tushirish niyatidaman. Ularni biz namoz oʻqigan joylarning mehrobi chetidan topgaysan. Xaritani senga yetkazgaylar.

Duolarida eslaguvchilarimizni Alloh Oʻz hifzu himoyasida asrasin. Yaratganning Oʻzi dastimizni uzun, niyatlarimizni pok qilsin.


Birodaring Sultonmurod.

Ulkan qoya tagidagi

ilk qoʻnalg‘a».
* * *

Oʻsha shisha topildiqdan chiqqan boshqa naycha-xatchada shunday bitiklar bor edi: (Uni ham oʻz holicha yuqoridagi xatga ilova qilamiz).

«...Subhanallohi! Ne kunlarga qola boshladik? Oldinda yana ne koʻrgiliklar bor ekan?

Tik oyoqda tura oladiganlar Qori akaga iqtido qilib, shomning farzini oʻqib olgunimizcha shunday voqea sodir boʻlsa-ya!..

Oʻsha marshal Toʻramning soyai chehradoshlari (ha-ha, oʻsha xos tabiblari), boʻy-bast, suvrat, shakl-shamoyilda bir tuki kam boʻlmagan, va’z aytganda u kishidek ilhomlanib-joʻshib ketguvchi va oʻzini toʻram deb koʻrsata bilguvchi kishi — Qoʻshshoq toʻram birpasda aynib qolsa-ya. U yotgan yerida har bittamizning otimizni atab chaqirar, boshlarini toʻlg‘ab alahlar edi.
— Botur, Toʻramning roziliklarini olmabmi edik? U kishi nega indamaydilar?.. Nega jimdan-jim turibdilar? Qaytingiz huzurlariga. Rozi-rizolik tilangiz. Bizdan rozi boʻlsunlar, — deb toʻlg‘onadi. Peshonasini marjon-marjon ter qoplagan, oʻzi har birimizga bir ilinj-la termuladi. Ammo biz qani turolsak, namozni buzolmaymiz, unga ham yordam berolmaymiz.

Alahlayapti desam, jon xalpida vasiyat qilayotgan ekan.
— Alloh oʻzi kechirsin, — derdi Qoʻshshoq toʻram yutaqa-yutaqa, — men sizlarni qay yoʻlga boshlab qoʻydim? Nega birovning oʻrniga oʻtdim? Ayting, Qori aka, mening holim... tongla Mahsharda ne kechgay?

Qori aka ikki yonga salom bera, uning yoniga oshiqqan edilar. Qoʻshshoq toʻramning boshlarini tizzalariga olib, yuzlarini silab, peshonalaridan oʻpdilar:
— Nega kechirmasin, Qoʻshshoq toʻram. Axir niyat qanday edi! Alloh rizoligini istab oʻrtaga chiqqan edingiz-ku. Niyat — jihod edimi, axir?
— Darvoqe, niyat shu edi, pok edi-ku... Oʻzingga shukr, laa ilaha illallohu...

Uning mijjlaridan ikki tomchi yosh yumalab borib, Qori akaning toʻni barigami, qaerga singib yoʻqoldi ham, u engah tashlab, boshi bir yonga burildi-qoldi ham. Qoʻshshoq toʻram jon taslim qila olmay turgan ekan, koʻz oʻngimizda shom asnosida uzuldi-qoʻydi. Koʻp qon yoʻqotgan edi, boyaqish, u yog‘iga torta olmadi. Alloh rahmatiga olgan boʻlsin, u kishi Hoziq Toʻramning soyai chehradoshlari boʻlibgina qolmay, xos tabiblari ham edi, mayyitni mash’ala yorug‘ida shahid qavmida engil-boshi ila tuproqqa berdik. Roʻzi Mahsharda shu qoni ila Alloh huzuriga tirilib borsin, ilohim.

Birodarlar, Muztoqqa koʻtarilaverishda uchraguvchi birinchi qoya tagidagi qabrni — mujohid qabri deb bilgaysizlar. Alloh qabrdagi savol-javoblarini oson qilgan boʻlsin, ilohim. Ertaga navbat kimniki, hech kim bilmas. Qay birimiz koʻkka dahanini tirab turgan u dovonga yeta olamiz, qay birimiz yeta olmasmiz — yolg‘iz Alloh bilgay.

Dovon osholsak — g‘olib deb, osholmasak — shahid deb bilgaysizlar.
— Umid doram, deng. Shoyad Tangrim baroyad yo rab desa, — dedilar Qori aka.

U kishi endi bizning yoʻlboshchi-imomimiz boʻlib qolgan edilar».

Xatning soʻnggida: «Shunaqa gaplar, Chaman. Oytoʻra onamizga salom ayt. Duolarida eslaguvchilarimga ham duoi salomlarimni yetkaz. Xayrli kech» degan jumlalar bor edi.

Umidim navdasi, jon ukam, pakana pari

«Bugun soʻnggi diyordoshim, oʻzimizning oʻsha Qang‘lidan birga chiqib, shu kunga qadar yonimdan jilmagan qurdoshimdan judo boʻlib turibman, Maqsud. Toyir akangdan ayrilib qoldik. Navbat uniki ekan. Alloh uni-da huzuriga chorlab oldi!

Men unga bergan va’dalarimning oʻndan birini ham ado etolmay qoldim, Maqsud!

U bu dunyodan manguga ketayotib (qara-ya, bir jarohat tog‘dek yigitni qulatsa-ya!), men bilan rozi-rizolik tilashar ekan, Alloh oʻzi kechirsin, bu osmon, bu tog‘lar ustimga qoʻshilishib qulasalar rozi edim. Dunyo koʻzimga tordan-tor, hunukdan-hunuk, olchiqdan-olchoq koʻrinib ketmoqda edi.
— Barzanimni bir koʻrsam edi, xuttalon otiga bir bor minsam edi, — deya oʻtinar ekan, jon qushim boʻg‘zimga kelgan edi, Maqsud.

Sengina bilasan, u ot jinnisi edi. Barzanga ishqi tushib, ne koʻchalarga kirmab edi. Men senga bundan yuz karra zoʻr otlar topib bergayman. Biz uchar otlar diyoriga ketyapmiz. Xohlasang, toshloqda ohudan ham oʻzadigan, charchoq nimaligini bilmaydigan, boshqa otlar qirq chaqirim yoʻl bosganda, yuz chaqirimni koʻrdim demaydigan xuttal otlaridan olib beraman, deb bu diyorga boshlagan edim. Toʻylaringda oʻzim kuyov-navkaring boʻlay, deb va’dalar qilgandim. Hech biriga ulgurmadim. U esa, rozi-rizolik tilardi, Maqsud. Endi men bu jahonga qanday sig‘ay, Maqsud?!

Ilgari beklar bunaqa kezda: «tik turib erdim— qaddim bukildi! Oʻltirib erdim — boshim xam boʻldi. Yerga uzala tushib erdim — bovurim ezildi! Allohim, Oʻzing sabr ber — chiroyli sabr ber», deb boʻzlar ekanlar. Men nima ham deya olardim?!

Men uni ot bahonasida Alloh rozi boʻladigan yoʻllarga boshlab edim-ku. Oʻn gulidan bir guli ochilmay, goʻshangalarga kuyov boʻlmay turib, qayga chaqirib olmoqda Allohim uni?! Birodarim Toyir akang uchqur otlarga ishqi tushgan bir boʻzbola edi, ammo suyansa suyangulik chin birodar edi. Bundaylar bilan tog‘ni urib, talqon etmoq mumkin edi. Ular bilan dorilomon bir diyor qurmoq mumkin edi, Maqsud. Menga muhabbati, men ishongan narsalarga e’tiqodi boʻlakcha edi! Men uchun desa, oʻtga kirardi, tegirmonga tushib-da butun chiqardi, Maqsud! Top-chi, endi bundayin birodarni! Rahmatlini eslasam, Qori aka aytgan bir rivoyat yodimga tushib ketaveradi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida Bani Hanifa qabilasidan Musaylama otlig‘ bir kishi chiqib, payg‘ambarlik da’vosini qila boshlaganida U zot uni zalolatdan qaytarish uchun maktub bilan chopar joʻnatibdilar ekan.

Chopar Toyir akangga oʻxshab, ishonimli yigitlardan ekan. Bolaligidayoq U zotga bay’at berib bog‘langanicha ajralmay keladi ekan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchun desa jonini nisor qilib yuboradigan sahobalar xilidan ekan oʻzi ham. Habib ibn Zayd degan oʻsha yigit qir, adir oshib, Najd tepaliklariga yetib boribdi-da, Rasuli Akramning maktublarini Musaylamaga topshiribdi.

Payg‘ambarlik da’vosi bilan chiqqan kimsa xatni oʻqib, sap-sariq yuzlari zahil tortib, gezarib ketibdi. Alamdan oʻzini qaerga qoʻyarini bilmay, zaharini odamlariga sochib:
— Bu tirranchani kishanlab tashlang! — deb buyurib, oʻzi koʻshkiga kirib ketibdi.

Ertasiga jamoatini jam qilib, choparni chorlabdi.
— Xoʻsh, — debdi soʻroqni boshlab, — Muhammad Allohning elchisi ekaniga guvohlik bera olasanmi?
— Albatta, — deb biyron javob qilibdi chopar,— Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va Rosuluhu, — deb shahodat keltiribdi u.
— Men Allohning elchisi ekanimga-chi? — debdi Musaylama.
— Kim? — debdi chopar kutilmaganda kaftini qulog‘iga tutib, — Bilasanmi, mening qulog‘im sal og‘irroq. Nima deganingni...

Masxaraomuz bu gapdan Musaylamaning tepa sochi tikka boʻlib:
— Jallod, kes! — deya uning badanidan bir boʻlak kesib olishga amr etibdi.

Jallod shay ekan, choparning oʻng etidan qilich ila bir boʻlak kesib olib, yerga otibdi.

Musaylama savolini takrorlabdi:
— Muhammad Allohning elchisi ekaniga guvohlik berasan, shundaymi?
— Albatta, u kishi Rasulullohdirlar, — debdi chopar.
— Men-chi, men kimman — Allohning elchisi boʻlmay? — debdi u yana.
— Aytdim-ku, — debdi chopar qulog‘iga ishora etib, — nima deganingni tushunib boʻlmayapti.

Musaylama battar jazavaga tushib, qichqiribdi:
— Jallod, chop!

Qilichi keskir jallod choparning yana bir parcha etini uzib olib, yerga itqitibdi. Qon sharillab oqa boshlabdi. Lekin elchi hamon qilt etmay turadi ekan. Odamlar uning sabotidan dahshatga tushibdilar.

Musaylama savolini takrorlashni qoʻymas, chopar oʻz soʻzidan qaytmas, jallod esa, har gal uni qilich ila qiymalar ekan, chopar:
— Ashhadu anna Muhammadan abduhu va Rosuluhu! — deb iymon keltiradi ekan.

Hech qancha oʻtmay chopar ikkiga boʻlinib qolibdi. Uning yarmi boʻlaklarga boʻlinib yerda yotar, yarmi esa qip-qizil qoniga belanib boʻlsa-da, tik turar, oʻzi oʻsha soʻzini — yolg‘iz Rasulullohga (U zotga Allohning salomi boʻlsin!) sodiqligini takrorlar ekan.

Kichkina bolaligida Rasulullohga (U zotga Allohdan salovat va salomlar boʻlsin) bay’at bergan oʻsha sahoba — yigit yoshida shunday e’tiqod koʻrsatib, vafo namunasini namoyon qilgan ekan, Maqsud. Ana senga moʻminlik! Toyir akang ham shular toifasidan edi, Maqsud. Uning boshiga ham oʻsha ish tushsa, bu ham oʻz soʻzidan qaytmas edi! Allohim uni jannatda Buroq otlari bilan siylab, Oʻzi xursand etsin, ilohim. Yetmadi Toyir u dorilomon kunlarga. Yetgaymikanmiz biz? Bizdan chiqmadi haloskor. Qachon chin haloskorini yuborgay ekan, Allohim. Toʻramdek boʻla bilmadik biz!

Toyir yosh ketdi, ammo bu dunyodan oxiratini topib ketdi! Unikidagilarga bu xabarni yetkazib qoʻy, Maqsud. Shu yumush ham sening zimmangda qoldi, ukaginam. Boʻzlashmasin, Toyir akang shahid qavmida toʻg‘ri jannatga ketdi.

«Inna lillahi va inna ilayhi rojiun» — hammamiz Unikimiz va Unga qaytguvchimiz. Oʻzi yorlaqasin.

Qachon va qanday qaytarini bilmagan akang

Sultonmuroddan deb bilgaysan.

Aziz xolalarimu tog‘alarimga, kennoying va hamma bizni taniganlarga duo degaysan. Meni yoddan chiqarmaydiganlarni Alloh oʻzi panohida asrasin. Va salomun allal mursalin, valhamdulillahi robbil alamiyn.

Ikkinchi manzildagi muz qabr boshi».

Biz kimmiz, Chaman, na shahid oʻlmagan, na g‘oziy boʻlmagan? (Yoxud qoʻtos suyaklari qolgan joyning qibla tarafidan topilgan xat)

«Havo aynib, qor aralash yomg‘ir shivalashga, yuqoridan muz nafasi ura boshlashga tushgan bir pallada... qaraki, Alloh bizni yorlaqadi. Yeguliklar tugab, silla quriy boshlagan kezda Xudo tog‘dek rizq yetkazdi. Toʻpidan ajragan bir oqsoq qoʻtos uchradiki, «hay-hay»lashib quvib-chalg‘itib, oyoqlarini arqonga matab, yiqitib oldik. Keyin terisini shilib, bir olam goʻsht g‘amlabmiz. Hayhotdek suyaklarigina qoldi yirtqichlarga rizq boʻlib...

Shunisiga ham shukr, Alloh hadeb olavermaydi ekan, beradi ham ekan! Oldinda osmon ila boʻylashgan muzli tog‘lar, qorli dovon turar edi, holimizni koʻrib, oʻzi marhamat etdi. Koʻrgan sari, qaragan sari et junjikib, vahm bosadi: qanday oshib oʻtgaymiz ekan deb bu muz tog‘dan? Yutaman derdi bu muz, sovuq...

Mador boʻlsin deb oʻtda jindek goʻsht qovurishyapti. Hididan bosh aylanib, ichaklar achishyapti, shunday ochqabmiz ekan!

Men esa, shu holimga senga yoʻlakay xat bityapman, Chaman. Ayt, endi biz kimmiz? Na shahid ketdik, na g‘oziy boʻldik? Endi qay diyorga ham bosh olib borgaymiz?! Nusrat nega bizdan yuz oʻgiryapti? Necha yuz yillarki, moʻminlarning ishi shunday orqaga ketib, qoʻli past tushib bormoqda? Hikmati nima — hech oʻylab koʻrganmisan, Chaman? Nimani unutganmiz? Hatto Toʻramdek zot ham chin nusratni qoʻlda tutib qola olmadilar? Nega? Xatolik qaerda?.. Amalimizdami, niyatimizdami? Yo iymonimiz sustmi, nimada? Nega zabunmiz, mazlummiz, ishi orqaga ketgan millatlardan boʻlib qolmoqdamiz? Bu qoloqlik nimadan, mutaassibligimizdanmi va yo boshqa sababdan? Har narsaga aqling yetguvchi, ammo ichingga yutib, chivinga ham sir oldirmovchi sen bilmasang, kim bilgay? Sulaymon qori akadan soʻraganimcha yoʻq, mavridi ham kelmadi. Ammo dardi-dunyomni zimiston etib yotgan bu savollardan qani forig‘ boʻlolsam?! Qani bir dardkash topolsam!..

Hatto Zakiy Validiydek bir zot, Anvar poshoyu Madaminbeklar boshini qovushtirolmagan, nusrat yoʻliga olib chiqa olmagan bu xalqni endi hech kim uyg‘ota olmagaymi?

Taraqqiyotdan ortda qoluvimizga... kemalar chiqib, dengiz yoʻllari ochilib, musulmon olami katta karvon yoʻllaridan chetda mung‘ayib qolganigina sababmi? Taraqqiyotga ishtiyoq, ilmga tashnalik-chi, jur’at-chi, bir din — bir millat tuyg‘usi-chi, ittifoqlik-chi? Alloh buyurganidek, jilla qursa, rozi boʻladiganidek darajadami?

Chaman, oʻzing ayt. Xato, kemtiklik qaerda? Nega sidq ila qilgan niyatu jihodlarimiz ham kutilgan mevani bermayapti? Nusratga yetisholmayapmiz? Sen boshqirdlar elida tuzilgan «Jonnisorlar» tarixiyu taqdirini yaxshi bilasan. Sharqiy Turkistonda zafar ustiga zafar quchib yurib, axiyri tanazzulga yuz tutib, boshi berk koʻchaga kirib qolgan «Fiysabililloh»chilar haqida eshitgansan. Hatto imom Shomildek zotlar yolg‘izlanib qolganini ham yaxshi bilasan. Bu mag‘lubiyatlarning hikmati nimada? Bu jihod, jonnisorliklar dilimizning tub-tubidan emasligidan emasmi? Biz har yerda, har narsada Alloh roziligini istovchilar, izlovchilar emas, dovqur, botur deb atalish uchun oʻzimizni oʻtga-choʻqqa uruvchilarga aylanib qolmaganmizmi? Axir jihod «fiysabililloh» yozuvli alohida kurash kiyimlari kiyishdami, oʻzimizni koʻz-koʻz qilish, mutaassiblarcha oʻzni oʻlimga otishdami? Bilmadim, Chaman, balki men yanglishayotgandirman, voqealarning hikmatiga yetolmayotgandirman. Balki Alloh bu millat qayg‘usini yelkasiga dast oladirgan bir zotni hali yubormagandir. Ungacha oʻzimizni oʻnglashimiz kerakdir. Oʻshanda nusrat kelib, natija yuz koʻrsatari balki. Hozir-chi, qani oʻsha natija, dorilomon bir hayot? Mag‘lubiyatlar alami yurak-bag‘rimizni oʻrtab, adoy-tamom etdi-ku. Bu holatdan, bu mag‘lubiyatlardan qachon xulosa chiqaramiz ekan?! Sendan boshqa kimdan ham soʻray bu dardlarimni? Yo qodir Alloh, oʻzing toʻzim ber bu dovonlardan oshib oʻtmog‘imizda.

Sultonmuroddan deb bilgaysan.

Mahfuzamga, biznikilarga duoi salomlarimni yetkazgaysan. Qiyomatli birodaring.

Uchinchi manzilgoh».

Sayrab uchgan Ularqush qay balolardan xabar berar, Chaman?

«Chaman doʻstim. Bizga Allohdan madad tila. Sabr-bardosh tila. Qay bir tilsimli diyorga, muzlar oʻlkasiga kirib qolgan ekanmizki, bu diyorning nimasiga beruxsat teginib qoʻygan ekanmizki, bizni bu balo tutdi, Chaman?!

Holimizga yig‘laguvchi qani, boʻzlaguvchi qani? 1

Tik turib edim, oyoqlarimdan mador ketib, oʻltirib qoldim! Sapchib tushgan otim zorli kishnab, qay bir yerga dovur surib-surgab ketdi! Jilovi qoʻlimda ekan, ajrab ketolmadi. Ketolmadiyu toʻxtagan yerida kamiga oyoqlarini kerib, shov-shov boʻshanib yubordi, jonivor...

Sheriklarim ham shu ahvolda edilar. Qori aka zoʻr berib kalima keltirar edilar, qoʻllari ot sag‘risidan tushmas edi. Elchin qani, qaerda qoldi desam, mosovsirab, turgan yerida serrayib qopti? Orqadagilardan koʻz uzmaydi. Subhanalloh! Koʻz oʻngimda Boturning sochi oppoq oqarib tushdi! Qasira-qusir ila qaldirib tepadan oʻpirilib tushayotgan oq balo esa, toʻg‘ri sheriklarimizning ustiga tushib kelardi!

Chaman, bunday balo — koʻchkini senu biz — odam bolasi koʻrmaganmiz! Koʻz ochib-yumguncha fursat ichida orqada hech vaqo qolmagan edi, birodarlarimiz yoʻq edilar... Bir yoʻla uch kishi, uch mujohidni, koʻchki yutgan edi, e, voh!..

«Inna lillahi va inna ilayhi rojiun»2.

Insonning kuni bitsa — shu ekan. Safarda, diyoridan uzoqda, deb oʻtirmaskan. Alloh ularni bu dunyo mashaqqatlaridan forig‘ etib, bir lahzadayoq dargohiga chorlab ola qolgan, koʻz yumib ochguncha fursat ichida orqamizda oq mozortepa paydo boʻla qoʻygan edi.

Sakkiz nafar edik, dovonning yarmiga yetmay besh birodarimizdan ajrab, yetim boʻtadek qolib oʻtiribmiz...

Holimizga kim yig‘laydiyu kim boʻzlaydi, Chaman?

Ertaga oʻzimizning holimiz ne kechgay? Albatta, bilguvchi yolg‘iz Alloh, ammo buni aytguvchi qaniyu, dalda berguvchi qani?!

Osmon boyagi-boyagidek, oʻsha xatarqush uchib oʻtgan vaqtdagidek musaffodan musaffo edi. Kun esa charaqlagandan charaqlar, atrofdagi muz koʻllaru, boshida tosh-tugun koʻtargan muz qoyalaru, har ikki yondagi muz tog‘largacha oftob nurida parpiragandan parpirar edilar. Muzlar erimasalar-da, jimgina «yonardilar»...

Ammo qoʻlim qalam ushlashga kela qolmaydi. Sovuq urgandek toʻng qotgan...

Oʻsha Ularqush muz qoziqdek osmon ustunlari — muz tog‘lar yoqalab sayrab uchib oʻtgan chog‘da hech bir xatardan darak yoʻq edi. Koʻkda bir tola ham bulut koʻrinmasdi, tavba. Ot tuyoqlarining tiyg‘onib, taqalarining taraqlashi, oʻzlarining pishqirab, seskanib bosh silkishlarini demasa, jimjitlikni buzguchi hech narsa yoʻq edi. Hatto g‘uvlagan shamol esib qoʻymasdi...

Oradan bir soatlar oʻtib, orqa yonboshimizdagi baland tog‘larning teppasida banogoh osmon qarsillab yorilgandek bir mudhish ovoz eshitildiyu... tog‘lar parchalanib tushayotgandek bir qiyomat koʻpdi! Qarasam, choʻqqidan koʻchgan katta muz yoʻlida uchragan jami muz-toshlaru qorlarni surib, pastga tushib kelmoqda, vahimasi olamni buzgudek!.. Otlar jon halpida kishnab yuborgan, Qori aka kalima keltirar, Elchin boturning sochi bir daqiqada oqarib ketgan edi! Orqadagilar qochishga-da ulgurmay koʻchki tagida qolgan edilar, Chaman.

Holimiz shunchalik ekan-ku, dunyo nizomini tuzamiz deb yuribmiz, Chaman?! Bu dunyoda adolat topamiz, adolat oʻrnatamiz, deb yuribmiz! Oʻzimizni kim sanab ketibmiz?! Undan koʻra, bu ishlarimiz Allohga xush keladimi-yoʻqmi, shuni oʻylasak-chi! Alloh yorlaqamasa, nihoyati xatokor bir banda ekanimizni oʻylasak-chi! Qori aka haqlar: Alloh roziligini istab qilinmagan har bitta ishning oxiri kesikdir, voydir! Niyatini oʻnglab olmagan banda xatokordir! Oxiratini oʻylamagan kishi bu dunyosini ham, u dunyo-sini ham boy bergan kimsadir! Oʻzni oʻnglash eng katta jihoddir! Shu lahza, shu pallada men eng toʻg‘ri yoʻlni koʻrib turgandekman, Chaman! Siroti mustaqim deganlari shu boʻlsa kerak.

Allohdan bizga madad tila, Chaman.

Qiyomatli oshnang Sultonmurod.

Koʻchki tepani koʻrganingda uning tagida manguga qolgan safdoshlarimiz haqqiga bir kalima Qur’on tilovat etib qoʻygaysan, oshna».

Nusrat soʻrab duo et, Mahfuzam

«Mahfuzam, yolg‘iz oʻzing mening chin najot farishtamdirsan.

Bir boʻlsa, sening duoi iltijolaring Haqqa yetib, Uning rahmat-marhamati bilan bu dovonga yetib turibmiz; bir boʻlsa, taqdiri azalda Allohimning Lav-hul Mahfuzga yozmishi shunday — boshqasi bekor.

Bulutlar bilan oʻpishgan bu muz-dovonga yetmak, aytishga oson. Unga yo vafodor otning yoliga yopishibgina chiqib olmoq mumkin, yo muzlik pasaygan kezlari yetmoq mumkin. Ha, jonim, bu muz dovon oʻsib-ulg‘a-yib, erib-pasayib turadi. Shunda ham muz zinalardan ulovsiz chiqishga yoʻl boʻlsin!

Dovonchining tosh uyiga yetib bir piyola qaynoq choy ichish har kimga ham nasib etsin-chi! Biz besh birodarimizni muz qabru koʻchkiga berib, chiqib keldik bu yerga, Mahfuzam. Endi oʻshalar uchun ham yashashimiz kerak, oʻshalar orzu qilgan, kurashgan dorilomon kunlar uchun bu foydaga qolgan jonni ayamasligimiz kerak. Alloh ham rozi boʻladigan yoʻl shu, rafiqam. Yana nimani marhamat qiladi, Oʻzi biladir.

Dunyoning bir uchidagi, qachondir Boburshoh safdoshlariyu Yoqubbek lashkarlarining oyog‘i yetgan bu joy — bu dovon shunaqa Xudo qarg‘agan joy ekanmi, deb oʻylasak, g‘alati xabarchilari bor goʻsha ekan u, jamilam. Biz qoziqtog‘lardan qulagan koʻchkidan esxonamiz chiqib, tiyg‘ona-tiyg‘ona yoʻlda davom etarkanmiz, dovondan yuk-ulovlari bilan atak-chechak tushib kelayotgan kichik bir karvonga uchrab edik. Bu diyorlarning daxlsiz tijoratchilari boʻlsalar kerak, omonlashib-xoʻshlashib oʻtib ketib edilar. Besh soat oʻtmay oʻsha karvondagilar holdan toygan bir ahvolda qaytib kelib qoldilar.

Xudo ularni bir asrabdimish: Uforli soylikda qiyomat bir boʻron turib, koʻz ochirmayotganmish.

Shunda biz tepamizdan sayrab oʻtgan oʻsha Ular-qushni esladik. Dovonchi aytdi. Bu qush xabarchi qush emish. Muztog‘ning buyuk qoziqtog‘lari ustida uyg‘onayotgan xatar — boʻrondan xabar berib, sayrab, jar solib oʻtadi ekan! Shundan uch-toʻrt soat oʻtib, Uforli soyda rosmana qorboʻron avjga minar emish. Biz bu qush ne xatardan xabar berdi, koʻchkidanmi, deb oʻltiribmiz.

Biz-ku oson qutulibmiz, Mahfuza. Alloh asrabdi. Lekin orqamizdan tushgan yog‘iyni... ha, ha, Mahfuza, kechagina nusrat topgan yog‘iy lashkari oʻsha g‘alabaga qoniqmay moʻminlarga dovonning bu yog‘ida ham qiyomat azobini tottirmoqchi boʻlib kelayotgan ekan, Allohning g‘azabiga uchrabdi-qoʻyibdi.

Eshityapsanmi, Mahfuz, Alloh odil! U hamisha mazlumlar tarafida! Tojirlar oʻz koʻzlari bilan koʻribdilar: butun boshli lashkar jon olguchi sovug‘u boʻronga uchrab, qor ostida qolganmish. U yer-bu yerda otlarning boshi koʻrinadimish, ular ham muz qotgan.
— Subhanalloh! Quvonishingni ham bilmaysan, achinishingni ham, — deb sapchib ketdi Elchin botur. (Ha, ha, oʻsha koʻchki vaqtida bir damda sochi oppoq oqarib tushgan Elchin birodarimiz!) — Kecha nusrat berib, bugun g‘azabiga duchor etsa... hikmati ne buning, Qori aka? — derdi u.

Hammamizning ichimizda eng kamgap, eng xokisor (shu chivindek joni bilan bu kurash-soʻqishlarda qanday yuribdi ekan?) shu odam bir og‘iz soʻz bilan uning hikmatini aytib qoʻyaqoldilar:
— Hamma gap shundaki, chin nusrat oldinda. U moʻminlarga atalgandir. Qolgani sinov.

Eshityapsanmi, Mahfuz, ana, Allohning adolati qanday! Chin nusrat biz tarafda ekan, baribir. Qolgan barcha mashaqqatlar, mag‘lubiyatu yoʻqotishlar sinab-toblantirish, iymonni charxlash, kishini oʻzining suygan bandalari safiga qoʻshish uchun ekan!

Nega ham soʻnikaylik endi?! Nega ham niyatlardan tonaylik, qaytaylik endi?! Nega ham endi har nafas, har qadamda Allohga topinmaylik, sig‘inmaylik?! Qoʻlimizni baland etadigan ham, past etadigan ham Oʻzi ekan-ku!

Hali boyagina qay bir mamlakat, qay bir diyorga bosh olib ketdik, bu mag‘lub boshimiz qaerga ham sig‘di ekan, deb kelmoqda edik. Bu xabarni eshitib xam boʻlgan boshlarimiz tik boʻldi! Bilaklarimizu oyoqlarimizga mador kirdi! Hammasidan dilimiz ravshan tortgan edi. Qaraki, Alloh biz bilan ekan!

Endi haligi hikmatni — nusrat alal-oqibat biz tarafda ekaniyu qolgan barchasi Allohning sinovi ekanini har bitta moʻmin birodarimiz diliga jo qilmak bizdan lozim emasmi?! Ana shu Alloh bizdan rozi boʻladigan ishdir, Mahfuzam. Hali shunday silai rahm jamiyatlari tuzaylikki, har qanday moʻ-min — u xohi qora, xohi sariq, bizga suyana olsin, shu jamiyatimizdan himoya topa olsin. Adolat shundadir. Uning pok sabolari, hali qarab turasan, oʻsha bizning ona diyorlarimizgacha yetib borgay, inshaalloh. Faqat saharlargi duolaringda bizga nusrat tilasang, bas, jamilam. Oʻsha men borgandagi va’dalarni unutmagaysan.

Sultonmuroding.

Dovonchining Yoqubbek davlatmand davridan qolgan «tosh qasri»da hiyla turib, janub viloyatlarga tushmoq niyatidamiz. Duoda boʻl, toki Tangri taolo boyagi oliy ham pokiza niyatlarimizni oʻzimizga yoʻldosh etsin. Omin».

Achchiq bir qamchi yoxud u qamchida ne hikmat koʻrmoqdasan, Chaman?

«Chaman, sening ham koʻzingga bu dunyo tordan- tor koʻrinib ketganmi hech? Oʻshanda nima qilgansan? Bilaman, sen ensangni qashlagancha, sekin jilmaya boshlar eding. Buni koʻrib raqiblaring talvasaga tushib qolardilar. Kim — bu tarz muloyim tortib ketuvingdan, kim — mana hozir qoplondek tashlanib qoluvingdan hayqib, tisarilib ketardilar.

Men-chi, men qay alpozga tushardim, kuzatganmisan hech? Oʻzim eslab, eslay olmadim. (Balki alam achchig‘i qoʻymayotgandir).

Oʻsha Boʻzsuv boʻylaridagi qarorgohimizga askar tashlab, oʻrab olmoqchi boʻlganlarida ham, ona diyorimiz Kattabog‘ni tashlab chiqishga majbur boʻlgan chog‘larimda ham dunyo koʻzlarimga bunchalar tor koʻrinmagan. Balki endi u diyorga sig‘dirmasliklarini anglab yetganimdan shunday boʻlgandir. Balki u paytlar erta birisi kun qaytib borarimga ishonganimdan — jimgina chiqib ketgandirman.

Sakkiz botur — sakkiz dovqur sarhad oshib, ajdaho komiga kirib borib, Toʻramni olib ketmoqqa koʻndira olmagan kezimizda ham shunga yaqin bir holga tushib, vujudimni bir narsa otashdek oʻrtab yondirgan edi. Lekin alami bu qadar oʻtmagan edi, Chaman.

Toʻramning soyai chehradoshlari — soxta toʻram boshchiligida jangga kirib, yog‘iydan zarba yeb, toʻzigan chog‘imizda ham, hatto Muztoqqa oʻrlab bora turib, orqadagi safdoshlarimizni koʻchki yutib ketib, muztog‘lar aro uch kishi yolg‘izdan-yolg‘iz qolgan kezlarimizda ham dunyo bundan tor, bevafodan bevafo koʻrinmagan edi, Chaman.

Chaman, odamga alam qilarkan. Sen bu dunyo hayotini goʻzal qilaman deb, adolatli etaman deb, joningni Jabborga berganing sari u seni toptaydi, hali u, hali bu yoningdan achchiq qamchilarini yog‘diradi, savalaydi. Nima bu? Dunyo shunday qurilgan koʻhna dormi yo? Na adolat bor, na odil qozi! Yo biz ketma-ket mag‘lub boʻlaverib, toʻzigandan-toʻzib, bu diyorlarga ham sig‘a olmayotganimizdanmi, yo musofirlik bizga pand berayotirmi? Unday desam, Qori akaning pandlari qayon ketdi? «Biz Allohga shukr aytib, bu diyorga jon fido etsak arziydi. Ansorlardek quchog‘ini ochib, kutib olgan bunaqa qavm, bunaqa yurtni yana qaerdan ham topgaymiz?! U chindan ham Madinai soniydir», deb edilar u kishi. Biz dovon oshib yetib kelgan viloyat kishilari chindan shunday: bitta mayizni qirqqa boʻlishadigan, muhojir desa, jonini berib yuboradigan. Quda-qudag‘ayini ham shunchalik e’zozlamas.

Lekin oʻzing bilgan siyosat, oʻsha siyosatning iskovichlari bu yerga ham yetib kelib, harom tumshuqlarini tiqmagan joy qolmabdi, Chaman. Chaquv, g‘iybat urug‘ini sepib, u koʻzingni bu koʻzingga yov etmagan kunlari qolmadi, Chaman. Shunday sharoitda qozi boʻlib oʻrtaga tushib koʻr-chi, mazlumning tarafini olib koʻr-chi! Nusrat alal-oqibat biz tarafda ekanini kishilar ongi, qalbiga singdira ol-chi! Isbotlay ol-chi! Har bitta moʻmin suyana oladigan, himoya topadigan silai rahm jamiyatingni tuzib koʻr-chi! Qalbingni toʻr-toʻrida asragan-ardoqlagan orzularing-ni amalga oshirib koʻr-chi, oʻzingni qaerda koʻrar ekansan!

Ammo ular shohida yursalar biz bargida yurolmaymizmi deb tog‘lar oralig‘idagi bu viloyatda shu yerlik mard boturlar bilan muhojirlarning birodarlik jamiyatini tuzgan edik. Ular qoʻlni qoʻlga berib, qiyomatli doʻst tutingan, qay birlarining boshiga mushkul tushsa, boshqalari yordamga kelishi haqida, lozim boʻlsa, jon fido etib, qutqaruvi toʻg‘risida qasamyod etgan edilar. Xuddi Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam davrlaridagidek bir birodarlik vujudga kelayotib edi. Bu ishlarning boshida Qori akam, Elchin botur — uchovimiz turib edik. Buni bir yilga dovur ham bilisholmay hukumat iskovichlari axiyri oramizga sotqin tiqishdi. A’zolarimiz birin-sirin qamalib, rejalarimiz barbod boʻla boshladi. Sotqinni topmoq, qamalganlarni qutqarmoq lozim edi. Shoshilinch, ammo qaltis reja tuzib, zobitlaru turma nazoratchilari kiyimida markazdan kelgan tekshiruvchilar qiyofasida birodarlarimiz yotgan qamoqxonalarga kirib bordik va soxta buyruq qog‘ozlari bilan ish koʻra ketdik. Sirimiz ochilib qolsa, yo qarshilik boʻlsa, oʻt ochib yorib chiqishga ham tayyor edik. Ammo dovqurni Alloh ham qoʻllaydi ekan, Chaman, omadimiz chopib, oʻnta birodarimizni shunaqqib qutqarib oldik.

Ammo bu yog‘iga ham qadamimiz nazoratda — har koʻcha boshiyu etagiga iskovuchlar ekib tashlangan — «toʻrt koʻz»lab kuzatar edilar. Sotqinni esa, aniqlay olmayotgan edik. Shu tashvishlar ustiga, Chaman, men uchun kimligi oʻzingga ayon, Mafhuzam boʻy yetmish xonadondan (ha, ha, oʻsha ularning qishga meva saqlanadigan yertoʻlalarida qirq kun jon saqlab, bilmam kimning baxtiga Xudo bir qaytib bergan qoʻrg‘onlaridan) hech kutmaganda odam kelib qoldi. Uni bir koʻrishdayoq tanidim, Chaman. U rahmatli qaynotamiz Mirzaxoʻja hojimning koʻp sadoqatli qarollari — eshik og‘asi Alimat qozoq edi. Qay pushtidadir qozoq urug‘lari bilan tutashib ketib, ikki gapining birida «hov-hov»lab, «oy-boy»lab qoladigan bu kepchik yuzli odamni tanimaslik mumkin emas edi, Chaman. Sadoqatni qaraki, izlab-izlab, surishtira-surishtira topib kepti. Shu kelishida Muztog‘ni ham oshib oʻtibdi. Men bu dovondan qanday oʻtaman, deb qaytib ham ketmabdi.
— Qudayga shukr, oʻzizzi koʻrdim, Eshanayimning amanatlarini ala keldum, — deydi.
— Qanday omonat? Yoxud salommi? Oʻzlarining tan-jonlari sog‘-omonmi?
— Quday rahmatig‘a olg‘an boʻlsun. Bandaliqni baja etdilar-g‘oʻy.
— Yo Alloh, u kishini hammi?.. «Inna lillahi va inna ilayhi rojiun», — deya oldim yuzimga fotiha tortib. Eshik og‘asi hayrat-la boqdi:
— Ne deg‘aysiz, kuyav toʻram?

Men qaytardim:
— Biz hammamiz Allohnikimiz va Uning dargohiga qaytib borgaymiz. Xudo rahmat qilsin.
— Ha, ha, rahmat etsun. Koʻp marhamatli edular Eshanayum. Shu kishining vasiyatlari ila kelibjaturman, bilsang‘iz.
— Vasiyat? — deb yuboribman. Hoynahoy, kuyovimga yetkazsangiz, u qizim boyaqish Mahfuzamga yetkazadi, qora kiyib aza ochadi, bir kalima Qur’on tilovat qilsayam harna savob, deb oʻylaganmilar onaizor. Men shu xayolda edim, ammo...
— Amanat-g‘oʻy... Aybg‘a buyurmag‘aysiz.
— Aybi nimasi, — deya oldim men. Eshik og‘asi esa qoʻynidan oq shoxi roʻmolga oʻralgan bir narsani olib, kaftida tutib turar, men uni olarni ham, olmasimni ham bilmasdim. Olay desam, sarhad yoʻli men uchun berk. Olmay desam, qaynonamning omonati, jondan aziz Mahfuzamga atalgan. Oldim. Shohi roʻmol ichida mayindan-mayin shildirashidan, siqimga sig‘ib-sig‘masidan marvaridmi, nimadir edi.
— Achib koʻring, kuyav toʻram, — dedi elchi, — qiyomatda bu qoʻl, bu koʻzlar-da guvahliqqa oʻtg‘ay.
— Darvoqe, — deb ochdimu nimani koʻrdim, Chaman. Kaftimda har shodasi nozik-ado tilla iplarga taqilib, keyin barchasi qoʻsh bog‘ichga jamlangan oppoq marvarid turar edi. Men uni tilla ipiyu halqali tilla bog‘ichlaridan, toʻg‘rirog‘i, hilolmonand taqinchog‘idan tanib turar edim. Ular birinchi koʻrganimdagidek yangi tuqqan qizg‘ish oydek yarqirar edilar.

Eshonoyimiz nimadir boʻlib, unutilib qoldirilgan oʻsha yodgor taqinchoqni jigarporalariga yetkazmoqni vasiyat etardilar.

Elchini bir kecha mehmon etib, sovg‘a-salomlar bilan joʻnatdim-u, lekin oʻzimga kelolmasdim. Bu nima, Allohning yana bir sinovimi yo diyorga yuz burmoq kerakmi — bila olmasdim. Unday desam, men u diyorga endi qanday sig‘gayman, vatanda bir bevatanga aylanmasmanmi, niyatlarim-chi, ne boʻlg‘ay — hech bir toʻxtamga kelolmasdim.

Bu yoqda esa, jamiyat tashvishlariyu bizni deb qoʻlga olinmish, turmalarga tiqilmish jonnisor oshnalarimizni qutqarmoq bilan bog‘liq yumushlar yotar, buni desam, omonat, omonatni desam, ular qolib ketmoqda edilar.

Ana shunday ichga qil sig‘maydigan kunlarning birida Oqsu guzaridagi doʻkonimda qiblaga qarab, faromush oʻltirar edim. Nega faromush? Tilimda «Alhamdulillahillaziyu» koʻz oldimda qarshimdagi soylik emas, Boʻzsuv tepaliklari bir-biriga yastanib yotar edilar. Negadir oʻsha qarorgohimizga lolaqiz-g‘aldoqdek boʻlib, osmondan hov birdagidek yog‘iy yog‘ilib tushib kelar edi. Oʻngimmi, hovfim, deb tursam... yelkam aralash boʻynimga ilondek yopishib, achchiq qamchi tushsa degin!.. Oʻgirilib qarasam, shahar qozisi! Ayonlari bilan qarshimda savlat toʻkib turibdi. Hammalari otliq — ot ustida. Biz singari piyoda doʻkondorlaru xaridorlar esa, barchalari ikki bukilib ta’zimga egilishgancha qolishgan. Koʻzim qozining bilagidagi qamchiga tushib, fe’lim aynib-aynib kela boshladi. Chaman, hech kimga aytmasam ham senga aytaman. Nega biz bunday millatmiz? Ustimizga toʻn yopib, tagimizga ot bersalar, aynib qolamiz? Oʻz millatimizga past nazar bilan boqib, oʻsha ot berganlar bilan og‘iz-burun oʻpishib ketamiz? Shu ham oʻz millatdoshim, dindoshim, tepishib katta boʻlganim, bir imom ortida turib namoz oʻqiydigan safdoshim demaymiz? Hamma bilan oʻz tug‘ishganimizdek sog‘inishib koʻrisholmaymiz? Bizga qanday dard tekkan, nuqs urganki, ichimiz kirlanib ketgan, Chaman? Qachon odam boʻlamiz biz ham? Qachon biriga tikon kirsa, boshqamizning ham jonimiz barobar achiydi? Moʻminlar bir-birlariga birodardirlar, degan gap qayda qoldi?! Yo saodat asri endi qaytmagaymi, unday zamon kelmagaymi?

Esiz, hatto biz ila birodar tutingan kishilar ham miq etolmasdilar. Evohki, oshna, biz pista poʻchoqdan kema yasamoqchi ekanmizmi?.. Men ana shunday oʻksik bir holatda edimmi, yo qamchi tushgan yer— boʻynim hali ham lovullab yonardimi, qoziga ters qaradim.
— Ha, botur yigit, Sizga alohida takalluf lozimmu?

Menga bu qochiriq qamchidan-da oʻtib tushgan edi. Ustiga-ustak atrofdan pichirlab shivirlashardi:
— Egil-egil. Bukilib-da ta’zim et, qutulgaysan.

Ammo men toʻnimni teskari kiyib ulgurgan edim, Chaman. Oʻzing bilasan, endi meni epaqaga solib boʻlmasdi. Ters oʻgirildim:
— Ajab?! Ta’zimni soʻrab oladurlarmi bu diyorlarda?
— Oʻhoʻ, oʻziga yetguncha-ku bu?! — dedi qozi atrofidagilarga ma’noli boqib. Koʻrib turibman, ayonlari imosiga shaylar. Koʻz uchirsayu oyog‘imni yerga tekkizmay olib ketsalar. Ularga shu kerak shekilli. Bu yoqda esa, qoʻshni tojirlar pichirlashib oʻtinishadur: «Uzr soʻrab qoʻyaqoling, oʻg‘lim...»

Ammo men (nohaq qamchini unutganimcha yoʻq) shaytonga hay berolmay turibman.
— Uzrni men emas, u kishim soʻrashlari lozimdur!

Bilaman, tilim achchiq. Lekin bu til haqdan soʻzlar edi.

Qozi janoblari shuncha xaloyiq ichida oʻzini oʻng‘aysiz sezib, oʻsha ta’zimdagi xaloyiq tomon alangladi. Aftidan u moʻminlardan najot kutmoqda edi.
— Astag‘firullohillazi, ta’zim qachondan beri... uyatlu sanalmish?

Meniki tutgan edi:
— Qachondan berli qamchi ta’zimu ta’zir quroli boʻlib qolmish? Qamchinni shuning uchun toʻqirlarmi bu yurtda?

Bilaman, soʻzlarim ularni chayondek chaqib-chaqib olmoqda edi. Qoziyu shahar ayonlari oʻzlarini oqlashga soʻz topolmasdilar. Oʻrtaga oqsoqollardan kimdir tushmasa boʻlmaydirgan bir vaziyat vujudga kelmoqda edi. Men esam, tilimni tiygim kelmay borar, shu bilan hamma alamlarimni bir yoʻla olgimmi, nima qilgim kelar edi:
— Muhojirlarga hamisha quchog‘ini ochib kelgan bu diyor, bu yurtda nahot endi qamchi koʻtarib, ta’zir bermoqni rasm etsalar?
— Nauzanbilloh! Siz haqsiz, boʻtam. Boshqa soʻzga tilim aylanmas, — kutilmaganda qozikalon otdan tushib, azza-bazza qoʻlini koʻksiga bosib kela boshladi. Bilagidagi oʻsha qamchi esa, kaftiga yopishgan qoʻng‘ir ilondek toʻlg‘onar edi, Chaman. U kela tizzalarimni quchmoqqa hozirligini koʻrib, keskin tisarildim.
— Qoʻying. Endi bari kech!..

U toʻxtab qoldi. Najot kutib atrofimdagilarga qaradi. Oʻrtaga qariyalar tushib, yarashtirmoq niyatida yelkayu kuraklarimni silamoqqa tushdilar. Ammo bari koʻzimga xunukdan-xunuk koʻrinib ketmoqda edi. Mening oʻksuk koʻnglim nimani istardi — oʻzim bilmasdim. Nasihatlar qulog‘imga kirmas, kirsa ham malham boʻlolmas edi.
— Yoʻq, taqsirlar. Behuda ovora boʻlgaysiz, — dedim bosh tebrab. — Toʻn yelkaga tishlanib boʻldi! Qamchining haqqi esa, qiyomatga qoldi, qozi buva. Xayr.

Ana shunday boʻlib qoldi, Chaman. Bir qamchiga shuncha achchiq, shuncha jahlmi, demaysan, oshna. Oʻrtada g‘ururmi, nimadir yotardi. Balki Xudoning xohlashi shunday boʻlgandir. Qori aka ham qarorimni ma’qul topdilar. Oʻrnimizga (jamiyat tarqaganicha yoʻq, Chaman. U hali koʻp yashaydi!) ishonchluv yigitlarni qoldirib, oʻsha Muztog‘dan oshgandagi safardoshlarim ila yana boʻlak diyorga bosh olib ketadigan boʻldik. Buni hijrat deb ataysanmi, safar deb sanaysanmi, oʻzing bilasan, Chaman.

Sening izningsiz shunday ishlar qilib qoʻydik, osh-na. Qiyin-qiyin — senga qiyin boʻldi. Jabr-jabr— senga jabr boʻldi. Sen endi bizni qidirib topmog‘ing, biz uchun javob bermog‘ing kerak. Sen bizga shuncha yaxshiliklar qilganda, ajdaho komidan qutqa-rib, qilcha yomonlik sog‘inmaganingda biz bundayin ishlar qilib qoʻydik. Uzr, oshna, ketmasak boʻlmasdi u diyordan. Keyin oʻzingga qiyin boʻlardi, sen ham qutqara olmasding u qora ajdar domidan. Senga umr-bod tashvish orttirib yuraman shekilli, Chaman. Chekingga shunday oʻrtoq tushgan ekan, injimaysan, og‘ayni. Yolg‘iz qolganingda Tangri azza va jallaga oʻtinib duo qilgilki, koʻrishmoqni qiyomatga qoldirmasin.

Omon boʻl. Sen ishongan tog‘lardan ham bir kun kiyiklar sollanib-sollanib chiqqaylar, inshaalloh. Xayr. Sultonmuroding.

(U diyordan topilgan oxirgi xat edi bu, qolganlari boshqa diyorlardan yig‘ib kelingan edi 1.)

Kim kimga ilhaq bu jahon ayvonida?

Menga shunday biqinimizdagi dalaning eng baland joyidan bir parchagina yer tekkan. Dam olish kunlari oʻsha yerda kuymanib yotaman. Kuymanishki, dunyo tashvishlaridan jindek boʻlsa-da, chalg‘ib, bosh og‘riqlarni unutib, odamga oʻxshab qaytaman. Ayniqsa, rosa jaziramalarda oftobdan qochib, pastak chaylacham tagiga chiqib olsam bormi, uning soyasiyu g‘ir-g‘ir shabadasini hech narsaga alishmaydigan bir holga tushaman. Chindanam insonga ortiq nima kerak, bu jahon ayvonida? Poyingdagi butun atrof-javonib oftob seliga koʻmilib, jivirlagandan jivirlab yotsa-da, sen oʻzingga loyiq soya topib, quruq yerga sekin choʻzilsang-da, kaftga bosh qoʻyib, oyoq chalishtirgancha, olamni unutsang. Oʻzing ayt, bolalikda qolib ketgan bir farog‘atni topgandek shu chalqancha yotishingni yana biron narsaga alishib boʻladimikan?!

Kamiga chayla ustiga chirmashgan janduqlaru pechak gullar anvoyi gullab, urug‘ bog‘lashga kirishgan, chayla ustini koʻk yopinchig‘i ila oʻrayotgan boʻlsalar. Saraton jiviriga toʻlgan osmon uning ortidan koʻrinib-koʻrinmasa.

Kamiga tepangdagi yolg‘iz terak barglari shabadada kumush kapalaklardek shovullab, tagidan bir ariq suv shaloplab oqib yotsa.

Yana kamiga dala boshidanmi, qaerdan gurkiragan rayhon hidlarini «oʻg‘irlab» bir mayin shaboda chayla tagidan g‘ir-g‘ir oʻtaversa, tinmasa... Oʻsha yellar olib qochgan rayhon hidlarining sochilib-toʻkilgani ham senga yetaversa... Uning gashtiga nima yetsin, bu jahon ayvonida?

Ana shunda hamma narsani unutasan-da, faqat oʻzing ilhaq narsalargina qoladi...

Chaylaning quruq shoxiga chiqib olgan boshmaldoqdek koʻk beshiktervatdan (u ham chayla soyasida orom olyapti!) koʻz uzmay yotarkanman, pastdanmi — qaerdan mashinaning «bibip»lab chaqirgan ovozimi, nima eshitilgandek boʻlaverardi. Yana bir bolakay: «Amaqu-u, Maqsud amaqu»lab chaqirar, ovozi elas-elas kelar edi. Erinibgina bosh koʻtarsam, dalaning hov pastida maysarang bir «Jiguli» turibdi. Kim boʻlsa ekan? Egasi hali tushmagan, ammo chaqirayotgan bolakay esa, egat oʻrtasidagi yoʻldan chopib kelar, qoʻliga olvolgan doʻpisini silkilab charchamas edi.
— Amaqu-u, Siznu chaqirishoptu... Amaqu-u, qaerdasiz?

«Kim? Yodgortoymi?! Nima boʻpti?!» deb dik etib turib opman!

Haligina: «Qani edi, shu tobda aziz kishilaringdan birortasi qidirib kelsayu, manavi soyada bir toʻyib otamlashsak...» deb koʻnglim ketmab edimi, tavba. Nima bu? Niyatga yarasha deganlari shumikan?

Egat oʻrtasidagi yoʻlga qarab yurmasimdan oʻsha maysarang mashinadan juda ham tanish odam tushib, yuragim xapriqib ketdi! Ie, jahongashta akaginamning oʻzlarimi?! Bunday oq kepkani undan boʻlak kim ham kiyarkan?! Oʻsha jahongashta kiysin-da! Bir ketgancha badar ketadigan oʻsha izquvar kiysin-da! Akajonimning daydi oshnasi-ku! Qanday xabarlar bilan qaytibdi ekan u Sherlok Xolms? Jahondagi gadoytopmas barcha ob-havo istansalarining tentiroq kezuvchisi, tinib-tinchimas Chaman akamiz-ku!
— E-e, Xizrni yoʻqlasam boʻlmas ekanmi?! Tushimmi, oʻngimmi?! — deya qanot chiqarib pastga yugurgan joyimda u ham bir toʻlg‘onib qad rostladiyu quchoq ochgancha oʻshayoqdanoq emranib kela boshladi. Ammo koshki eshitsam, qanday erkalab, nima nomlar bilan atayotganini! Og‘zidan qanday soʻz, mujdalar uchayotganini! Faqat u ham mendan battar sog‘inib yugurib kelar, uzoq koʻrishmagan kishilargina shunday talpinmoqlari, bir-birlarini sog‘inmoqlari mumkin edi.

Qolaversa, u jondan aziz akajonimni izlab ketgan edi, uni izlay-izlay bir yerlarga yetgan edi! Qanday daraklar bilan keldi ekan endi?..

Dalaning oʻrtasida bir-birimizga yetib bordik. Yetib bordigu chirmashgancha qoldik. Oftob seliga toʻlgan dalaning qoq oʻrtasida turib qolganimizga ham, tashlama ariq boʻyida tizza boʻyi oʻsib urug‘ bog‘lashga tushgan oʻtlarni bosib-yanchayotganimizni ham unutib, gir aylanardik. Quchog‘imizdan qoʻyib yubormasdik. Qoʻyib yubormasdigu quchib ham, yalab-yulqashib ham toʻymasdik.
— Bor ekansiz-ku, shunchalar ham bedarak ketadimi odam?.. — derdim men.
— Keldim-keldim. Uzoqib ketgan boʻlsam, uzr, sog‘intirib qoʻygan boʻlsam, kechirasan, pakana pari. Shunaqa boʻlib qoldi, choʻzilib ketdi safarlarimiz. Faqat aybga buyurmaysan, soʻkmaysan, pakana pari, — deb oʻtinardi u.
— Nega, Chaman akajon, sog‘inganimizdan, kutaverib koʻzlarimiz teshilganidan aytaman-da, — derdim men.
— Eshitdim barini, eshitdim. Mingdan-ming rahmat senga, pakana pari. Yoʻqligimni bilintirmabsan. Hammasiga oʻzing girgitton, oʻzing balogardon boʻlibsan! Tog‘dek himoyachilari boʻlib oʻtiribsan! Tabiblarga borib em-dorilarini topdiribsan! Kasalxonalardan olib chiqibsan! Yolg‘iz qoldirmabsan. Chin ukalik qilibsan, Maqsud! — deya, alqab bir yerlarga yetardi.

Kuraklarimni silab, bag‘ridan boʻshatmasdi. Men ham bu soʻzlardan erigandan-erib borardim. Hamma qiynalganlarim — barcha yugur-yugurlarning, oʻlib-tirilganlarimning qiynog‘i, alami tarqab borardi. Goʻyo birov emas, Chaman akamning oʻzi uni koʻksimdan sidirib olib tashlamoqda edi, qushday yengil tortib bormoqdaydim.

Keyin oʻzi quchog‘ida dast koʻtarib, yerga qoʻyarkan, yelkamga qoqib:
— Obbo, pakana pari-ey, shunaqa hech kim topmas joylarga chiqib olib, g‘ir-g‘ir shabadalar bilan tillashib yotibman degin? Dalamiz bor, bu dunyo g‘urbatlaridan yozilib ketadigan joyimiz bor, degin? Yur, yur, oʻsha chaylangga chiqayluk. Birpasgina boʻlsa ham dunyo tashvishlaridan uzilib, ariq boʻylarida oʻtirayluk. Gʻuborlardan tozalanayluk, — deb qistay ketdi. — Bunday joylar ham g‘animat.

Yodgor esa, bu gapni eshitgandanoq otlanib qolgan, oʻrta yoʻlga tushib olib, hali u oyog‘ida, hali bunisida oʻynoqlab borar, yoʻlakay g‘umaylarningu boshoq tortgan bedana oʻtlarning boshini yulib-otar edi. Hali ariqqa yetsin, baliq boʻlib suvdan chiqmay qoladi shekilli! U oʻzi bilan oʻzi andarmon ekan, biz esa soʻrashib-istashib, chayla tagiga chiqib bordik. Chaylaki, bir necha tol xodalarini egib-bog‘lab, tol istaklariyu choʻplari bilan ishkomdek yopib, kamiga ikki yonidan jandig‘u chirmoviq gullarni chiqarib yuborgan edim. Ariqdagi suvning ayqirib oqishiyu uning boʻyidagi yolg‘iz yosh terakning biydek dalaning qoq oʻrtasida kumush ukpardek «shildirashi»ni demasangiz, aytarlik joyi yoʻqdek. Ammo Chaman akam hali ariqdagi suvda yuzlarini pishib-pishib chayib, hali egat boshidagi qarqirab oʻsgan jambilu rayhonlar oralab, hidlarini gurkiratib tinchiy qolmasdi:
— Oh-oh, jannatning bir boʻlagi-ku! Har tarafdan orom yog‘ilib yotibdi-ku, — derdi.

Chaylaning tagiga kirib esa:
— Ana shabadayu mana shabada! Bunaqa joyni yana qaerdan topasan?! — deb turib qoldi. — Voy, sen— pakana pari, shunaqa g‘ir-g‘ir shabadalarning yoʻlini topib chayla qurganmisan? Faqat avrama, zoʻr dehqonlar ham bunday joyni topolmaydilar-ku, — derdi u.
— Nega avrayin, menga oʻzi shunday baland — koʻkcha yer tushib qopti, — dedim iymanib. Oʻzim esam uni oʻtkazgani joy topolmay, quruq sholcha ustiga nima yozarimni bilmas edim: Chaman akamdek bir odam ozib-yozib bir kelib qolganida... tagiga solishga bitta koʻrpacham boʻlmasa-ya!..
— Buyam boʻlsa, sening baxting. Oʻzi omadi chopgan yigitsan-da, pakana pari. Hamma ham sendek boʻla olsin-chi, sidqidil boʻla olsin-chi...
— Qani, qaerga ham oʻtqazdim? Yoki manavi bir quchoq pechakni tushab bera qolay, — deb urinardim men.

U koʻnmadi.
— Qoʻy, tegma, qoʻzichoqlarning rizqiga. Odam oʻtirsa yemay qoʻyaqoladilar. Undan koʻra, mana bu yerga choʻkib, oyoqlarni uzatib yuboramiz-da, dalaning erka shamollariga yuz tutamiz. Qara, yerdan ham oyoqlarga xush yoqib, muz chiqyapti! Koʻpdan odamga oʻxshab, bunaqa joylarda yonboshlamaganmiz. Yerning taptini tuymaganmiz. Qoʻy, pakana pari, odamni bu baxtdan benasib et- ma, — deb turib, kutilmaganda u qoʻlini duoga och- di, — Qani, omin, seni ham kishti-koringga Alloh baraka bersin. Yana koʻp yillar shu yerlar, shu yellarning fayzidan bebahra etmasin.

Dalaga kelib, yalangoyoq tuproq kechib, ariqlarda choʻmilib, daraxtlarga osilib yurgan Yodgortoyning boʻyi ancha tik tortib qolgan, hozir ham oʻyinqaroqligiga borib, ariqning u betidan bu betiga sakrar, ninachimi — nimadir tutishga andarmon edi. (Hali ariqqa toʻg‘on boʻlib, oʻzidan oshib oʻtgan suvlar sharsharasiga besh ketishga tushsin, oftobga chiqib yotib, yana oʻzini suvga otishga tushsin, toʻxtatib boʻpsiz! Bu yerdan ketgisi ham kelmay qolishi aniq).

Biz esa, bundan foydalanib, bir-birimizdan hol-ahvol soʻrab, koʻngil ovlashga tushib ketganmiz. Mulozamatlarimiz choʻzilgani sari dil hapriqadi. Niyatga koʻcha olmay halakman. Bir chekkasi oʻzi sog‘-omon qaytganidan boshim osmonda, koʻnglim xotirjam tortib borayotgan boʻlsa-da, muddaoga koʻchishga bir intiq-bir intiqmanki, qani mavridi kela qolsa. Oʻzi ham odamni qiynamay murodga koʻcha qolsa boʻlardi.

Bunga sari ichimga «nima, shuncha yurib, izini topolmabdimi, nega jim, gapni aylantiradi» degan shubhayu gumonlar oralaydi. Oʻzimni esa tilim aylanmayapti, irim qilib, og‘iz ocholmayapman. Nihoyat, u qay bir yurtlarning jazirama oftobida kuyib qoraygan yuzlarini ishqab, boshidan (oʻsha ayvonchasi silliq yelimu oʻzi lattadan tikilgan) oq kepkasini olib, chayla bag‘aziga ilarkan:
— Aytmoqchi, anuv osori-atiqashunos uchradimi? Men yoʻldan senga bir narsalar berib yuborib edim?— dedi negadir betimga qaramay.

Yuragim taka-puka boʻlib kelib, shuv etdi! Sezdimki, undan ortiq bir narsa topmabdi. Topsa, aytardi-ku! Aytib, suyunchi olardi!.. Nahot akam?..

Yoʻq, tishni tishga bosmoq kerak! Halitdan yomon fol olishga nima hojat? Akam boʻladiyu beiz-bedarak ketadimi?! U yolg‘iz oʻz boshini oʻylaganlardan boʻlsa ekanki, qoʻrqsam?!.
— Berdi-berdi, keltirib berdi, u omonat xatlarni asrab qoʻyibman, hech kimga koʻrsatmay.
— Barakalla, yaxshi qipsan, hali mavridimas, — deb u menga minnatdor qarab qoʻydi.
— Hali yaralar bitmagan, koʻtara olmaydi, deysiz-da? — dedim ichim achishib.
— Har narsaning davosi vaqt, tura tursin, — dedi u uzatib yuborgan oyoqlarini negadir tinimsiz silab-siypagancha.

Bu gapdan ichim uzulib, oʻzimni behol sezdim: boyaqish, kennoyim, yana qancha kutadi ekan? Sabri yetadimikan? Shu xayollarim oʻzimga oʻtirishmay ich-ichimdan bir norozilik uyg‘onib kelmoqda, oʻzimni oʻzim yomon koʻrib ketmoqda edim: Aytsa ayta qolmaydimi, nima boʻlganini? Odamni buncha xat qilmay!

U suyub tikildi:
— Senga ming rahmat. Oʻz jigaringdan ham a’lo koʻrib, xizmatlar qilibsan. Jujug‘iniyu oʻzini koʻz qorachug‘ingdek asrab oʻtiribsan. U dunyo-bu dunyo unutmaydigan bir ish qilibsan.
— Kimga? — dedim bir xijolatlarga botib.
— Ularga-da, kimga boʻlardi. Akang uchun, men uchun.
— Qilsam kimga qipman, begonami? — dedim oʻpkam toʻlib kela boshlab.
— Alloh rozi boʻladigan ishni aytib qoʻygan yaxshi-da, — dedi u.
— Bir mening qoʻlimdan nimayam kelardi?! Siz shu rahmatlaringizni boshqa bir kishiga aytsangiz yarashardi, — dedim chiniga koʻchib.

Chaman akam ilkis qaradi. Bu nigoh ichimning tub-tublariga qadar singib borgudek edi.
— Chin gap ham shu. Agar Toʻram taqsir yordam bermasalar, panohlariga olmasalar, bir mening qoʻlimdan nima ham kelardi...
— Chindan oʻsha kishi-ya? Tangritog‘da davlat qurib, keyin biz... biznikilar oʻg‘irlab kelgan, uy qamog‘ida oʻtirgan zot-a? — dedi hayratlanib.

Yashiradigan hech narsa qolmagan edi:
— Ha, oʻsha — akamni biladigan, uning nomini tildan qoʻymaydigan kishi.
— Bilaman, — dedi u yana tizzalarini silay boshlab. — Akang ham u kishiga koʻp e’tiqod qoʻygan, ishongan edi. Buyursayoq, osmondagi yulduzni uzub oladiganlardan edi. Yoʻllari ayri tushdiyu niyatlariga yetolmadilar.
— Nima, akam?.. — deb yubordim yuragim xunuk bir qalqib.
— Ha, u diyordan chiqib ketgancha, hech yerda qoʻnim topolmayotir. Tarix oʻz niyatidan qaytmagan bunaqa darbadarni koʻrmagandir...

Chayla tagida shabada bir damgina toʻxtab, olam tandirga aylangandek, qiziblar ketdim. Bu xabardan yo nafasim ichimga tushib ketgan, yo bir boʻlsa, yuragim urmay qolgan edi! Betoqatlanib, chuqur bir tin olib edim, shuni kutib turgandek Alloh ham ushlab turgan yellarini qoʻyib yubordiyu koʻksimga avvalgidek bir yengillik kirib, odam holiga qaytdim. Oʻziga shukr. Bu g‘ir-g‘ir shabadalarini birpasgina qoʻyib yubormay tursa, nima qilardim, holim nima kechardi?! Yaxshiyam qoʻyib yubordi, marhamatini darig‘ tutmadi. Akamga ham shunday marhamatini darig‘ tutmasa, nima qiladi ekan? Sarhadlarni ochib yuborsa, nima qiladi ekan? Yo biron boshqa atagani bormi unga?
— Shuning uchun ham hiyla kechikdim. U koʻchib oʻtgan diyordan topganlarim esa, yolg‘iz shu bitiklar boʻldi. U yog‘i qaerga ketib, qaerda qoʻnim topgani ma’lum emas, — deyar edi Chaman akam. Men esam, buni anglab turgandekman-u, qoʻlidagi oʻrog‘liq narsa yana xatlarminima ekanini fahmlab yetolmayotirman...

U yoqda esa ikkala qoʻlchasi ila toʻg‘on qozig‘igami, nimagadir yopishib olgan Yodgortoy zoʻr berib suvni shaloplatar, olamga sig‘may yayrar edi. Bu yoqda esa, biz oʻz g‘amimiz oʻzimizga yetib, bir-birimizga tikilishib oʻltiribmiz. Gʻir-g‘ir esgan shabadalar ham oʻsha g‘amlarimizni koʻtarib ketolmayotgandek. Shu holda yana qancha oʻtiramiz — oʻzimiz bilmasdik.

Chirog‘boniga zor goʻsha yoxud bulbullar chah-chahlagan bir chorbog‘

Bekobodning Shirin shahriga ikki kunlik safar bilan ketgan edik. Safar ham shoshilinchroq edi. Ertasiga tushlarga yaqin qaytib kelsam, meni kimdir soʻroqlabdi. Kamiga kelishi ila qoʻng‘iroq qilsin, deb telefon numerini qoldiribdi.

Raqamidan tanimadim-u, lekin ichim hapriqishi qolmasdi. Xuddi biron qarindoshimiz toʻsatdan olamdan oʻtganu men janozasiga yeta olmay qoladigandek edim. Axiyri sabrim chidamadi. Berilgan numerni tersam... Olim akam!
— E, mening mirzo xolavachcham, qaerlarda yuribsan? Buncha safaring koʻp ekan, yurishlaring koʻp ekan sening?! Nasiba qoʻshgan ekan, tezda yetib kel. Hamma xolalarimizu tog‘alar yig‘ilishib oʻtirishibdi. Bitta sen yoʻqsan.
— Tinchlikmi, oʻzi? Qaerga yetib boraman, qanday yig‘in? — dedim, bu goʻsha qaerda ekanini hech aqlimga sig‘dirolmay.
— Qaerga boʻlardi, pakana pari. Bizning yangi hovliga-da... — Keyin «darvoqe sen bilmaysan-a», deb tushuntira ketdi. — Bir taksiga oʻtir, ketsa mirzodan ketibdi. Ammo bu yig‘indan qolma. Keyin afsus qilasan. Qarindoshlarni bitta qoldirmay yig‘ib kelganman. Kutaman-a?!

Shuni aytadilar-da, nasib qilsa kelar Shomu Iroqdan deb. Oʻzim ham Kattabog‘u Yakkabog‘lar buzilib, har yerga toʻzib ketgan qarindoshlarimni sog‘ingan edim. Qolaversa, ishli odam — boshqa paytda borib koʻrgani vaqt topolmaysan, vaqting boʻlsa, boshqa tashvishlardan ortib yetolmaysan. Shunaqa yig‘inlarda diydorlariga toʻymasang, qachon toʻyasan! Xolalaru tog‘alar ham qarib qolishdi, hammalari g‘animat. Duolarini olib qolganga, xizmatlarini qilganga nima yetsin! Undan tashqari bu akam tushmagur miq etmay yurib, isini ham chiqarmay qaerdan hovli-joy qilibdi ekan? Nega qavatimizga boravermay, soylik-tepalik demay Boʻzsuv boʻyidan joy qilibdi ekan? Niyati nima? Soʻqqabosh odam— issig‘i bor, sovug‘i bor, hovli-joy qilmoqchi ekan, bir og‘iz aytmaydimi, qavatimizga yaqin joydan topmaymizmi?
— Oʻzing bilasan, Bog‘obodning tagi bilan oʻtgan yoʻl bor-ku, hozir avtobus qatnayotgan? Omon qolgan lagerlarning pastida polkovniklarning bog‘larini koʻrganmisan? Oʻshatta tushasan. Naq Boʻzsuv boʻyida. Qaynamaga yetmasdan, — deb tushuntirdi akam.

U yerda qanday boʻsh joy bor ekan, imorat solsa boʻladigan, hech aqlim bovar qilmas edi. Shuncha oʻtib, koʻrmagan ekanman-da?! Men Boʻzsuv yoqasidan joy qilgan polkovniklarning mevali-mevasiz daraxtlar oʻrab, chakalak boʻlib ketgan bog‘larini bilar edim-u, lekin kechalari lagerlarga kino koʻrgani shuncha devor oshib borganimiz bilan, u bog‘larga yurak yutib kirgan emasdik. U giloszor, nokzorli chakalaklarda kecha-kunduz bulbullar chah-chahlab yotsa-da, birontamiz ikki qavat shoh-devorlarni oshib oʻtmaganmiz. Simga bog‘liq zanjirlarini sudrab, akillab beradigan itlariga yurak yutib yaqinlashib boʻladi ekanmi?! Shohdan kirgan bola tugul quyonu mushuklarni g‘ajib tashlaydigan u itlar hali ham bor boʻlsa kerak. Olim akam kelib-kelib, oʻshalarning qavatidan joy qilibdimi? Hukumatga xizmatlari evaziga berishibdimikan yo sotib oldimi- kan?

Men shu xayollar bilan asrga yaqin aytilgan joyga yetib borar ekanman, uning qavatimizdan chiqib, boshqa yerda joy qilganiga hech tushuna olmasdim. Keyingi paytlarda uning kamnamo-kamgap, xuddi ichimdagini top qabilidagi odamlar sirasidan boʻlib qolgani shundan ekanmi yo?..

Bog‘obodning pasti bilan tushgan oʻsha aylanma yoʻlni demasa, u atrofda yangi hovli-joyu qurilish otining oʻzi koʻrinmas, Olim akam qaysi joyni tushuntiribdi ekan, tusmollay-tusmollay, yoʻl yoqalab borar ekanman, oʻsha mashhur polkovniklarning bog‘-hovlilariga yetib qolgan joyimda yangi qoʻsh darvoza bilan yakka tavaqa eshik koʻrindi. U yog‘i ham, bu yog‘i ham g‘ishtin devor edi. Shunaqa rasamadi bilan terilib oʻralganki, qanaqa idora ekan, deysiz.

Men kimdan, nima deb soʻrarimni bilmay taraddudda ekanman, shu mahal haligi eshikdan xayr-xoʻshlashib tish kavlagan qariyalar chiqa boshladilar. Ular qay birlari alqab, qay birlari kekirib, duo qilib chiqishmoqda edi. Shu yer ekanmi, kamina ehsondan kechikibtilarmi, deya yaqin borarimni ham, bormasimni ham bilmay, ikkilanib turarkanman, kuzatib chiqqanlar orasida pochchaniyu Qoʻldosh tog‘amlarni koʻrib qadamimni tezlatdim. Qariyalar salomimga alik olib, gurung bergancha yoʻlni kesib oʻtib ketdilar. Aftidan ular masjidgami — qayoqqa shoshar, oldinda borayotgan oq salla, sidirg‘a xalatli zanji bashara imomdan ortda qolmaslikka tirishar edilar.

Tanidim, bu oʻsha qiroati shirali, ammo bidirlab gapirganidan nima deyayotganini ilg‘ab olish qiyin boʻlgan tarashadek ozg‘in domla edi. Biznikilar Choʻpon ota masjidining bu domlasini — nimasiga ixlos qoʻyishgan — hech yig‘inga kanda qilmay aytishadi, tushuna olmasdim. Balki qiroati uchundir— Qur’onni hurmatidan. Yana kim biladi. Shu tob pochchaning koʻzlari menga tushib qoldi.
— Ie-ie, Maqsudxoʻja, oʻzingmisan? Kepqopsan-ku. Kir-kir, bolam. Xolalaring soʻrayverib bir yerga yetishayotuvdi. Yetib kelganing koʻp yaxshi boʻpti, koʻp yaxshi boʻpti. Hoy, Olim, qanisan, jigargoʻshangga qara, orqamizda qoladigan jiyanlaringga qara, — deb alqay ketdilar. Men hijolatlarga botib, borib koʻrisha boshladim.
— Uzr, xizmatchilik, topib kelgunchayam vaqt oʻtib ketipti.
— Hechqisi yoʻq, hechqisi yoʻq. Masjid qavmi chiqqani bilan hamma qarindoshlar shoʻtta — ichkarida. Hech kim tarqagani yoʻq, kira qol, — dedilar Qoʻldosh tog‘am oʻzlariga yarashadigan bir tarzda, oʻsha-oʻsha lab chetida suyib, iljayib turgancha. Hammadan Olim akamning boshi osmonda edi:
— Ana, ana, qanday yarashib turibdi kelganing. Avvalroq aytmaysanmi, safarim bor deb, bular koʻzimni ochirishmayotib edi. Kelib yuzimni bir yorug‘ etting, oqlab yubording barcha ginalarniyam. Oʻzing zoʻrsan, mirzolarning mirzosi, mening chin xolavachcham. Akaginamning suygan pakana parisi, bag‘rimni toʻlatding, — deya bag‘riga bosib, ichkariga yetaklay ketdi.

Men hech kutmagandim. Uning bunchalar yayrab ketishini, boshi osmonga yetib alqashini. Kim tufaylidir meni bunchalar yeru koʻkka ishonmasligini. Yoki bular hammasi yoʻliga — mulozamat uchunmi? Unday desam, kipriklari namlanib, azza-bazza koʻziga yosh kelgan, ovozi ham bir tarz oʻzgarib, soʻzlari boʻg‘ziga tiqilib borayotir... U ham odam ekan-ku oʻzimiz qatori. Jigarchilikni bilarkan-ku. Qadri endi oʻtibdimi akamning? U akamni eslab koʻngli buzilib ketganini men endi koʻrib turishim edi...

Ikkita bir xilda qilib, yonma-yon qurilgan, loki qotmagan qoʻsh darvozaning berigisidan hovliga kirib bordik. Qarangki, darvoza ikkita boʻlgani bilan hali oʻrtadan devor olinmagan, hovli juda keng, pastdagi bog‘-ishkomlar uzun ketgan, yoʻlkalar bir rasamadli, meva tuplari undan-da rejali, akam bog‘ hovli olibdimi, yangi hovli-joy qilibdimi, bir qarashda bilish qiyin edi. Shu keng hovli-bog‘ning bir tarafida kunga qaratib solingan qoʻsh qavatli, ayvonlari keng-keng, yog‘och zinalari bir chiroyli, peshtoqi ajab oʻymakorli naqshlar bilan naqshlangan, ayvon panjaralari yarqiragan, oʻzi ixcham-u, lekin koʻkrakdor oq bino koʻrinar, xuddi uning qarshisida— azim daraxtlarga koʻmilgan bog‘ ichida unga qaratib solingan xuddi oʻshandek boshqa bir oq bino koʻzga tashlanar edi. Goʻyo biri boshqasining ulkan oynasuvdagi aksi-suvratidek odamni lol qoldirar edi.
— Jur, jur, mana bu yoqqa jur. Avval aziz xolajonlarimiz, tog‘alarimiz bilan omonlashib ol. Seni koʻrib koʻngillari joyiga tushsin. Soʻrayverib ham holi-jonimga qoʻyishmadi. Koʻrsatib oʻzimni oqlab olay, jur.

U meni oʻng qoʻl tomondagi oʻsha aziz xolajonlarimning tanish shovur-shuvur ovozlari kelayotgan oq uy tomon boshladi. Hovlida patnisu idish-tovoq koʻtargan ayollaru xizmatchilar koʻrinar, men qay goʻshaga kelib qolganimni bilmay gangib qolganimdan qay birlari kim ekanliklarini salomlariga alik olibgina tanimoqda edim. Qolaversa, salqin bolalaydigan bu hovlida allaqanday ovloq bog‘lar, chakalaklarning havosini tuyayotgan, ariqlardagi shildirabu oʻynoqlab oqayotgan suv qaerdan kirib, qayoqqa chiqib ketayotganini hali anglab yetmagan boʻlsam-da, uning sarishtaligimi — nimasi, yoqqandan-yoqib tushmoqda edi. Qachon ekilgani noma’lum, ammo yerni xohlab qolib, toza boʻy talashib oʻsgan kadi noklar tagiga tushgan imorat shuncha koʻkrakdorligi bilan hech qisinib qolmagan, qaytaga uzukka koʻz qoʻygandek yarashib turar edi. Ishkomlar ortidanmi, qay tarafdandir katta suv salqiniga qoʻshilib, yovvoy yalpizu suv oʻtlarining omuxta hidi kelar edi. Men uni tanigandek edim, bu salqinligu bolalikdan tanish boʻylar koʻksimga moydek oqib kirmoqda edilar. Oʻzimni Boʻzsuv boʻylarida turgandek his qila boshlagan edim. Olim akam chindan polkovniklar qavatidan joy olibdimi? Unda bu bog‘, anavi ishkomlar suv boʻyiga qadar tushib boradi, desang-chi. Hali pastda allaqancha tepalaru soylar, chakalakzorlar bor, desang-chi. Balki savat tashlaydigan, baliq tutadigan joylari ham bordir? Bu orada biz panjarali ayvon oʻrtasidagi kovshandozdan oʻtib, ikki yon tarafdagi boloxonaga olib chiqadigan yog‘och zinalarni ortda qoldirib, ichkari kirib borgan, oltmish chog‘li odam sig‘sa mumkin boʻlgan zol ostonasiga yetgan edik. Parket polli bu yoʻlak-kovshandozning ikki tarafida yana bezog‘liq mehmonxonalar koʻrinar, u yerda kim bor, haligi chiqib borayotgan chollar qaerda kutildi ekan, daf’atan ajratish mushkul edi.
— Kel, kel, shu zolga oʻtaver, Usmon tog‘angu Norxoʻja pochchalar shu yerda oʻtirishibdi. Ie, ana xolalarimiz ham chiqishibdi. Hammalari bilan shu yerda koʻrisha qoladigan boʻlibsan. Xola, qarang, men kimni boshlab kelyapman. Qochqoq oʻg‘lingizni obkeltirmaguncha qoʻymadim, qarang, — deb Olim akam bir yayrab, bir kerilib kirib borarkan, xursandligini yashirmas, ochilib-sochilib ketgan edi.

Keng-keng, qoʻshqavat derazalari orqa bog‘ga qaratib ochib yuborilgan zol oynalari koʻpligidanmi, yo devorlari ganchkor, kamiga xuddi teatr zollaridagidek oʻrtalariga toshoynalar oʻrnatib zeb berilganidanmi, uy ichi yana ham kengayib ketgandek edi. Narigi tarafda ham xuddi shunday zol bordek, u yerda ham odamlar oʻtirishgandek taassurot tug‘diraverar edi. Olim akam bekorga dunyo kezmagan ekan, uyini xon qasriyu saroylaridan qolishmaydigan qilib bezattirgan edi. Bular uchun yolg‘iz didning oʻzi kamlik qilar, havas-ishtiyoqning oʻzi ham yetmas, juda katta mablag‘ ham kerak edi. Nima balo, anuv yilt yangi «Volva»ni loylab, hammasini shu yerga uribdimikan?

Men koʻrishishni kattalardan boshlagan edim. Eng toʻrda qachondir uloqda lat yegan, yozsalar yig‘a olmay, turishga qiynaladigan oyoqlarini xontaxta tagiga choʻzib yuborgancha, qoʻsha-qoʻsha koʻk duxoba yostiqlarga botib, Usmon tog‘am oʻtirar, yonlarida tiz bukib, choʻkkalagancha darozdan-daroz Norxoʻja pochcha choy quyib, gurung berar edilar. Ular oʻlgudek chistonchi-hazilvon boʻlganlaridan hozir ham allaqaysi tog‘amiz birovga yaxshilik qilaman deb, qovun tushirib qoʻyganlarini kula-kula hikoya etar edilar. Meni koʻrib, pochcha uzun qoʻllarini choʻzdilar:
— Ie, ana, gap oʻg‘risi ham kepqopti-ku. Salomxon, buniz biz oʻtib ketgandan keyin ham mana shu voqealarni eslab, kitob yozib yurmasa edi, deng. Odamni kimlarga sharmanda etib. Bizdiki, beg‘araz, jiyan, yozib yurmaysiz-a?
— Nima, yomonmi, pochcha, — deb kuldilar Usmon tog‘am yumshoqdan-yumshoq, xuddi kuylagandek eshitiladigan bir tovushda. — Shunaqa dali-g‘uli odamlar ham oʻtgan ekan-da, deb eslab yurishadi.

Pochcha qoʻlimni qoʻyib yubormay bosh chayqadilar:
— Eslagani yaxshi-yu, shaytoni zoʻr ekan deb tushunmasalar boʻlgani.

Pishillab-xarsillab kirib kelayotgan Nusrat pochcha bilan Qoʻldosh tog‘am bu gapdan yayrab kulishdi.
— Shoytoniz ham bordir — oʻzizdek? — dedilar Nusrat pochcha tegishib, — Unga oʻziz bas kelmasangiz, unaqa-bunaqa odamni tentiratib qoʻyar-e. Qaerdan ilashtirgansiz uni?

Tog‘alarimu xolalarim qaysi bir voqeani eslab, barchalari kulishdi.
— Chakalakning shaytoni-da. Qaerniki boʻlardi,— deb qoʻydilar katta xolam, — odam joy tanlamay yotib qolavursa, shu-da.

Yana kulishdi. Shu asno pochcha mening qoʻlimni qoʻyib yuborib edilar, boshqalar bilan ham koʻrishib chiqa boshladim. Tog‘alarim duo qilib, xolalarim esa, yelkalarimga qoqib, kuraklarimni silab koʻrishishdi. Keyin oʻtirib mening haqqimga, Sultonmurod akam, Olim akamlarning, barcha orqada qoladiganlarning haqqiga duo qilishdi. Hammalari bir og‘izdan «Iloy, shularga toʻzim bergin, ittifoqlik ato etgin, orqamizdan chirog‘imizni yoqib oʻtirishsin, tup qoʻyib palak yozishsin» deb, duolar qilishdi. Keyin «Mana bu sening nasibang, ol, ol, muntazir qilma» deb shoʻrvayu manti olib kelishdi.
— Mantini Mahfuz kennoying qildi. Har galgidek bir oʻxshabdi, bir oʻxshabdi. Ol, bolam, xamiri piyozni poʻstidan yupqa tortib ketipti, ol, — deb oyim qistadilar.
— Baraka topsin, koʻp pazanda ekan, bu tog‘lik kelinimiz, — deb alqadilar Mubor xolam.
— Qoʻying, opa, hamma maqtasayam siz maqtamang, koʻziz tegadi, — dedilar Xidoy xolam, u kishi xafa boʻladilar demay ham.
— Ha, men shunchaki, Xidoy. Suyganimdan, — dedilar xolam shirin jilmayib. U kishining bir koʻzlariga jindek oq tushgan, boshqasida esa, xol bor — ana oʻsha yomon, astoydil qarasalar otni yiqitadilar, deyishardi. Mubor xolam kirib kela boshlasalar oyimgilar kelinlarga hay-haylab, shirin talpinadigan boʻlib qolgan chaqaloqlarini darrov yashirishga tushishar, sog‘ib turgan, yangi boʻshangan sigirlarini koʻrsatmay qoʻya qolishar edi. Negaki, oʻsha sigirga xolamning koʻzlari tushdi deguncha u emchagiga qoʻl urdirmay, tepib tashlaydigan boʻlib qolar, har yuvvosh sigirlarni ham jin urardi-qolardi.
— Sizni suyganiz bor boʻlsin, — deb toʻng‘illab qoʻydilar Xabira xolam. — Oʻzini kuygani yetmaydimi, eri kelolmay qaerlarda yuribdi-ku.
— Alloh hafiz. Eshon pochchamni qancha alg‘ov-dalg‘ovlardan asragan, oʻg‘lini ham asrar, — deb qoʻydilar Mubor xolam.

U kishining bu gaplarni zarracha og‘ir olmay, choy xoʻplagancha jilmayib oʻtirishlari bir g‘alati edi. Inson shunchalar ham kengfe’l-kengyurak boʻla olar ekanmi — hech tushuna olmasdim. Shu tob toshoynalarda aks etib turgan «qoʻshni zol»da qoʻlidagi likopchada bir nima koʻtarib kelayotgan, oʻsha husndan emas, boshqa narsadan Xudo qisgan Mahfuz kennoyimni koʻrib, ichimda bir narsa chirt uzilgandek tek qoldim. Oʻzimga kelganimda chindan ham u hech narsadan bexabar qoʻlidagi likopchada ikki six qiyma kabob koʻtargancha men tomon kelar, tog‘alaru xolalarim jim qolishgan, Mubor xolam esa, Xudoga ming qatla shukr — nazarlarini olib qochib, xijolatli jilmaygancha, kaftlari ila dasturxon popugini silab-toʻg‘rilar edilar. Shungayam shukr, ayaganlariga shukr. Kimsan Eshon pochchaning zurriyotiga tegishli ekan, baxtida qarisin, deb oʻtirganlariga shukr.
— Olung, Maqsudxoʻja. Sizga ilinub, yangi qoʻyub berishdu.
— Rahmat.

U boʻsh choynaklarni olib chiqdi ham, xolalarim boyagi sukutni buzisha olmasdi.
— Yaxshi olib kelibsiz, Salomxon. Shunaqa qoʻshilib tursin, yolg‘izligini, g‘amlarini unutadi, — dedilar Xabira xolam.
— Qavatingizga olib kelib, undan ham yaxshi qilibsiz, opa. Himoyachisi yoʻq deya olmaydi birov, — dedilar kenja tog‘am.
— Savob ham kerak-ku, — dedilar Usmon tog‘am.— Endi manavi jiyanimizning boshini ikkita qilib qoʻysak — Alloh ham bizdan rozi boʻlardi. Shunday hovli-joylarni bekorga qurmagandir. Oldingisi unaqa chiqqan boʻlsa, endigisi oq yuvib-oq tarab oʻtirar. Nima deysiz, Nusratxoʻja?

Olim akam qay bir yumush bilan tashqari chiqqan, shundan foydalanib bular shu haqda gap ochgan, hovli toʻyi — ehson bahona uni oilali qilib qoʻyish g‘amiga tushgan koʻrinar edilar.
— Umid bilan hovli-joy qipti, bosh qoʻshsak, yoʻq demas, — dedilar pochcha, — Qolaversa, uy bitipti, bu yog‘iga oyoq-qoʻlli bir ahli ayol topish bizdan lozim.
— Lozim-lozim. Shariatda nikoh nimaga buyurilgan? Vaqt-bemahal maza-bemaza yoʻllardan tiyilishga buyurilgan, — dedilar Norxoʻja pochcha oʻsha-oʻsha choʻkkalab — qoʻndoqdek oʻtirgancha.

Nusrat pochcha bu gapga negadir miyig‘larida kuldilar-u, har qalay kuyov nomlari bor, xolalarim oldida tillariga kelganidan tiyildilar.
— Bordir, axir, urug‘imizda bironta oʻziga mosi?— dedilar Usmon tog‘am ayaga koʻz qirlarini tashlab qoʻyib va ham yumshoq jilmaygancha.

Shu jilmayishlarida «Sizlar topasizlar undayi-ni» degan mazmun bor edi. Xolalarim «razm solib koʻraylik-chi, oka», degandek bir-birlariga ma’noli qarashdi-yu, ochiq bir narsa deyishmadi. Shu tob (oʻsha maqtashgan mantidan bir tishlagan edim, u g‘irchcha moyga pishgan, ziralari tobida, yesang ham yeydigan, yemasang ham yeydigan edi) Qoʻldosh tog‘am tomoq qirdilar:
— Izlashga nima hojat? Enidan chiqqanini etagiga solib qoʻyaqolayluk. Yuradimi bu bu yoqda soʻqqabosh, u u yoqda bevadek?
— Kim? — dedilar oyim ilkis bosh koʻtarib. U kishi birinchi boʻlib tog‘amning niyatlarini payqab qolgan va ham norozi qarab turar edilar.

Yuragim shig‘ etdi, og‘zimdagi og‘zimda, boʻg‘zimdagi boʻg‘zimda qoldi. Nohat kennoyimni aytmoqdalar?
— Kim boʻlardi, hozirgi keliniz-da, opa.

Shunday katta zolga pashsha uchsa bilinadigan jimlik choʻkkan edi. Oyim, tog‘amdan shuncha yaxshiliklar koʻrib, oldilarida ham, orqalaridan ham alqab yuradigan oyimning tuslari oʻzgarib ketgan, qoʻllari koʻrpacha chetini changallagancha qolgan edi. Nihoyat u kishiga jon bitdi, jon bitib kaftlari bilan yuzlarini siladilaru tog‘amdan yuz burdilar. Sezib turibman. U kishi «Uyaling, Qoʻldoshxoʻja! Opamizning oʻg‘li Sultonmurod oʻlgani ketgan emas-ku!» demoqchi boʻlar edilar-u, tillari aylana qolmasdi. U kishi — shuncha toʻg‘risoʻz, gap kelganda hech kimni ayamaydigan odam — hozir jim qolgan, irim qilibmi, dillaridagini tillariga chiqarmay turar edilar.

Oyimning oʻrnilariga Oyposhsho xolam javob qildilar:
— Bilamiz, Qoʻldoshxoʻja, siz yaxshi niyatda, savob boʻlarmikan deb, aytayapsiz bu gapni. Lekin bedarak ketgani — qaytmaydi deganimasdir?
— Men ham bir narsani bilarman, opa? Shu hukumat turadigan boʻlsa, Sultonmurodizni ikki dunyoda ham bu yoqlarga yoʻlatmas...

Men ado boʻlgan edim: og‘zimdagiyu boʻg‘zimdagini qanday yutdim, dasturxonga qanday fotiha oʻqib turdim — bilmasdim. Oʻzimga kelganimda kosamni koʻtarib, sekin zoldan chiqib borardim. Koʻz oldimda esa, allaqanday tuman, chala yonib tutayotgan samovar tutunidek bir narsa turib qolgan, negadir koʻzim emas, ichim achishib borar edi. Chiqishim-la Yodgor koʻrib chopib keldiyu oʻzini otib, belimdan quchib oldi:
— Voy, amaqujon! Kelubmu edingiz? Men koʻrmabman.

Qoʻlimdagi kosa tushib ketay deb... zoʻrg‘a ushlab qoldim. Buni koʻrib, kennoyim yolg‘iztoyini qaytargan boʻldilar:
— Voy, oʻg‘lum, koʻziz qayoqda? Eslu bollar amaqusiga shunaqa yopishadularmu? — U kishi qoʻlimdan kosani oldilaru mening bir alpozdaligimni koʻrib, shoshib qoldilar: «Voy, Maqsudxoʻja, tinchlukmu, oʻziz chiqdizmu»lab shivirlar, atrofimda aylanib oʻrgi- lar ekanlar, men «tinchlik-tinchlik» derdim-u, ich-ichimdan bosib kelib, koʻksimni achishtirib-achishtirib oʻtayotgan otash-alamni ichimga qult-qult yutgancha turarkanman, «yoʻq-yoʻq, oʻzim» deya yolg‘onlashga tushgan edim:
— Ichkarida boʻg‘ilib ketdim, u yoqlarga ham bir oʻtay-chi, — deb ishkom tomonlarga yura boshladim.
— Unday boʻlsa, maylun-a, bora qolung, bir chiroylu joylar ekan. Pastda kattakon suv oqub yotiptu. Olub bor, Yodgor. Qaytishda maymunjon terub kelasizlar, — dedilar gapimga chippa-chin ishonib.

Yaxshiyam ijikilab soʻramadilar, soʻraganlarida oʻlgan edim. Nima deya olar edim?! Sizni shu chiroyli joylarning egasi qilishmoqchi! Akamni qaytmaydiga, qaytolmaydiga chiqarib, sizni shu uylarning xojasiga boʻlishyapti! Oʻzlariga oxiratda tegadigan savobni oʻylab, ikki qovushmaydigan boshni... qovushtirishyapti! Birovni doʻzaxga otish hisobiga... oʻzlariga jannatdan joy hozirlashyapti. Ana, mening qanday tog‘alarim bor, dermidim?!. Nahot shu ishlar Xudoga ham xush kelsa? Shariatda sharm yoʻq, deganlari shudir balki?.. Ichimni oʻsha narsa tirnagandan tirnab, tirnaganda ham eng nozik joylarini oʻrtab bormoqda edi.

Undan faqat hech kim bilmas bir ovloqlarga qochib ketgilarim kelmoqda, qochganda ham oʻsha yerlarda oʻkrab-oʻkrab boʻshanmaguncha... boʻshanmog‘im, qutulmog‘im mushkuldan-mushkul edi. Hozir ham ishkomlar yoqalab tushgan soʻqmoqdan oʻshanday ovloq-soylikka tushib borayotgan boʻlsam-da, oʻkrab-oʻkrab boʻshani olmasdim. Barcha alamlarimni yutmoqqa majbur edim, miq etolmasdim. Oldimda goh u oyog‘ida, goh bu oyog‘ida sakrab-oʻynoqlab Yodgortoy borar, men uning koʻngliga qarab salqin bolalaydigan chakalakzorlar osha chimzor soylikka, undan buloqlari katta suvga qoʻshiladigan «qoʻltiq»dagi gala-gala mitti baliqlarni koʻrgani tushib borar edik. Koshki shu chakalaklar, maymunjonlar tutib ketgan shoh-devorlar koʻnglimga sig‘sa! Birontasiga qayrilib qarayotgan boʻlsam, oʻlsin agar! Ammo katta suvni — jonajon Boʻzsuvni koʻrishim ila, uning namxush yellari koʻksimga urilishi ila zora chalg‘isam, zora unutsam, deb kelyapman. Lekin unutib boʻlarmikan bu alam, bu xoʻrliklarni?

Yetti yot-begonalar uyining toʻridan joy berib, birovning ahli ayoli ekan deb, oʻrab-chirmab saqlaganda oʻzimiznikilarni nima jin urdi? Kennoyim boyaqishning ularga nima og‘irligi tusha qoldiki, qutulmoqchi boʻlib qolishibdi? Yana oʻzlarini mehribon-panohgoʻy koʻrsatib, enidan chiqqanini etagiga solmoqchi boʻlishayotgani-chi! Oʻlsin agar, shu Alloh rozi boʻladirgan ish boʻlsa!

Olim akam-chi, nima deydi? Shu niyatda tog‘alarimu xolalarimni hovli toʻyiga chaqirib, bir yerga toʻplabdimi? Koʻring, qanday joylar qildim, endi boshimni ikkita qilib qoʻysangiz — savobga qolasiz, demoqchimi? Niyati oʻzi nima? Unda anuv roʻparadagi hovli-joy-chi, oʻzinikiga oʻxshatib, hech narsadan qismay, kamitmay qurgan ikkinchi koshona-chi? Kimga atalgan? Zarurmidi, niyati shunday ekan?

Ishkomlar tugab, chimzor soylikka tusha boshladigu ellik metrcha pastda Boʻzsuv koʻrinib, uning namxush yeli dimoqqa urildi. Xayolim akamning qarorgohini izlab yurgan kezlarimizga koʻchgan edi va shu barobar koʻzim Boʻzsuvning narigi betidagi jarga tushib, xushim uchdi: nahot biz oʻsha mashhur jar roʻparasida turibmiz? U bu yerga shunaqa yaqin ekanmi? Unga pochchaning bog‘lari tagidagi yoʻldan tushib borilmasmidi? Katta yassitepaning naq ustiga chiqvolib, tamosha qilmaganmidik — jaziramaga tashlab qoʻyilgan Parpi oʻg‘rini?..

Gap shundaki, naq roʻparamizdagi katta bir tepa... qoq yarmidan oʻpirilib tushganu... yarim yoʻlda bir moʻ’jiza boʻlib, ilinib qolgan, uning ustidagi yolg‘iz qora tol shu holicha koʻklab yotar edi. Tepaning surilmay qolgan qismidagi yolg‘iz tup daraxt esa, hov oʻsha biz koʻrgan tepadagidek paqqos qurib qolgan edi. Koʻz oldimga nima kelib ketibdi! Goʻyo u oʻsha qurigan daraxtning oʻzi ediyu... qoʻltig‘idan arqonga bog‘lab pastdagi supaga tashlab qoʻyilgan Parpi tolga aylanib qolgandek edi. Men necha yildan keyin hov oʻshandagiga oʻxshash bir manzarani koʻrib turar edim.

Faqat buning hikmati nima — oʻylab oʻyimning tagiga yetolmasdim. Shunday bir yerda badar yoʻqolgan Olim akam mana necha yillardan keyin omon-eson qaytib kelib, oʻsha joylarga yaqin yerdan hovli-joy qilib, vatan tutayotgani juda-juda g‘alati edi. Xuddi oʻsha joyda adolat uchun kurashib, oʻz diyoridan judo boʻlgan boshqa bir akam esa, oʻsha chiqib ketganicha badar ketib borardi... Ana sizga adolat! Ajab adolat! Kim qilgan qaysi xizmatlari evaziga ajri-mukofotini shu dunyodayoq olib tursa-yu, kim topganidan ham ayrilib, quvg‘indi boʻlib yursa...

Bu vaqt chimzorning pastigacha tushib borgan Yodgor suv qoʻltiq boʻlib kirgan joy tepasida turvolib, zoʻr berib imlab chaqirar, ovozini chiqarsayoq, mitti baliqchalar suv tagiga urib ketadigandek, qoʻl silkilagandan-silkilar edi.
— Ha, toy bola, nima koʻrding? Savatmi? — dedim joyimdan jilgim kelmay.
— Yoʻq-yoʻq, baliqlar galasu. Qarang, qochub, yana qaytub chiqoptular, — dedi u hovliqib.
— Toza suvni kim xohlamaydi?! Ular ham oʻynab chiqishgan-da, — dedim sekin. Keyin oʻzim ham u mitti baliqlarning goh xurkib qochishlariyu yana sekin qaytib chiqishlarini tasavvur etib, jim qoldim.

Shu mitti baliqlar ham oʻzlari tug‘ilgan toza diyorlarni tark etgilari, hech narsaga alishgilari kelmaydi, qaytib-qaytib kelaveradilar. Odamlar-chi, nega qaytolmaskanlar? Hatto Sulton akamdek boturlar ham oʻz diyorlariga oʻtolmasalar? Bu qanday adolat boʻldi? Yo bu dunyo boshqacha qurilganmi? Beshikdan qabrgacha eng aziz narsalaringdan ayrilib-ajrab boraverasanmi? Hamma yoʻqotganlaring topganingga arzisa, xoʻp-xoʻp-a, arzimasa-chi? U qanday adolat boʻldi?..

Shu tob yonginamdagi chakalak ichida — maymunjonlar oʻrab ketgan shohdevor ortidami, qizil tog‘olchalaru koʻksultonlar orasidami — ishqilib soya bolalab yotgan bir yerda bulbul chah-chahlab yuborib, sokindan-sokin oqib yotgan katta suv ustilab, uning jarangi tarala ketdiyu bunga narigi qirg‘oqdan aks-sadosi qoʻshilib, ariq boʻyiga sekin oʻtira qoldim. Subhanalloh! Biz oʻzi jannatlarda ham topilmaydigan qanday bir joyga kelib qolganmiz? Olim akam taglaridan anhor-anhor suvlar oqib, bulbullar chah-chahlab yotgan bu joyni qanday topdiyu, nega bir juft qilib, oq uy-oq koshonalar qurdi? Faqat oʻzi va manavi Yodgortoyu kennoyimlar uchun desam, hovli-joy nega ikkita? Ikkinchi koshona kimga atalgan?

Men bu narsalarning behuda emasligini anglab yetgandek, yetayotgandek boʻlardim-u, uning sidqidilligiga hech ishona olmasdim. Sidqidil boʻlsa, tog‘am haligi gapni nega ochdilar? Oʻzidan bir imdod boʻlganki, u kishi og‘iz solyaptilar...

Bulbul esa, tinim bilmay chah-chahlar, u jonivor boʻzlayaptimi, kuylayaptimi, ajratish mushkuldan-mulkul edi. Qolaversa, qani narigi qirg‘oqdan boshqa birontasi unga joʻr boʻla qolsa... — qoʻshilmasdi.

Osmon nikohini kim ham buza olgay?

Men oʻsha bir og‘iz soʻzdan butun tinchimni yoʻqotgan edim, boyagi hayratu halovatdan asar ham qolmagan edi. Endi oʻsha bir-biriga qaratib, (goʻyo biri boshqasining oyinadagi aksidek!..) qurilgan ikki qasr — ikki koshona — koshonaligini yoʻqotib, dasti uzun bir kimsaning bachkana urinishlariga oʻxshab qolgan edi. Undan olxoʻrirang «Volva»ning oʻzi chetan eshik oldida ovroʻponing yilt-yangi oʻyinchog‘imisol turgani avloroq emasmidi! (Bu esa, uni loylab, qaysibir polkovnikdan qolgan shu joyni olib, manavi «chiranma g‘oz, hunaring oz» imoratlariga chaplabdi!)

Qanday bog‘laridan ayrilib, toʻrt sotixgina joyga tiqilib oʻtirgan tog‘alarimu xolalarim uchun bu balki «taglaridan anhor-anhor suvlar oqib oʻtguvchi jannat bog‘lari»dan hech yeri kam emasdir. Lekin menga endi qilcha ta’sir etmayotgan edi. «...Hammasi oʻsha niyatda olingan, shu niyatda solingan ekanmi? Aka ukadan kutgani... — shumidi hali?! Endi bu eshiklardan Sultonmurod akam emas, yelkasiga toʻnini tashlab u chiqadimi?! Kennoyim... uningmas, buning xizmatlarini qilib, bolalarini oq yuvib-oq taraydimi? Oʻ hayot, bunchalar achchiqsan, tahirdan tahirsan! Imm!..»

Ikki yoni soyga yetgunga qadar choʻzilgan ishkomlar yoqalab, tashlama ariq boʻyi bilan bog‘ adog‘iga tushib bordik ham, Yodgorning uchib-qoʻnishiga, oldimga tushib olib, pastda koʻrganlaridan bu qadar hayratlanishiga ham hech tushuna olmasdim. Tavba, katta suvni endi koʻrishimi?! Umri bino boʻlib koʻrmagan narsalarini endi koʻrayotgandek bir yerga yetadi. Ta’rifini keltirolmay hali oʻt bosgan ariq ichlariga, hali suvlarga tushib ketadi, yana sakrab-hakachoqlab yoʻlga chiqib oladi-yu, davom etadi...

Ammo men qani endi uni tushunadigan bir ahvolda boʻlsam! Qayda! Ichimga chiroq yoqsa, yorimaydi.Shu topda oʻzini tutishi, ijiklashlaridan bir g‘ashim kelyaptiki: nimasiga xursand boʻladi bu bola?! Yetim boshini silayotganlaridanmi?.. Ertaga padari oʻrniga bir «padar»lik... boʻlayotganidanmi? Bu ehson, bu hovli toʻyi bahona orqavorotdan nima ishlar boʻlayotganini biladimi oʻzi? Boʻyi boʻyimizga teng boʻlib qolganda uning orzu-havasini oʻylash oʻrniga «boshini silaguvchi bir qoʻl» izlab qolishibdimi unga? Shunday topiladigan savob, oʻlsin agar savob deb atalsa! Birovni bu dunyoda koʻrgan sitamlari, alamlari kam boʻlsa, yana shu dunyoning doʻzaxiga otib, oʻzlariga jannat bog‘chalaridan bir joy hozirlamoqchilarmi? Xudo ham anoyi ekan-da! Koʻrib turgandir?!

Qolaversa, osmon nikohini buzish oson ekanmi? Shuncha quv-quv, talotoʻplarda uzulmagan nikoh rishtalari endi uzuladimi? Uzuldi deganimiz Marg‘u kennoyimnikimidi? Oxiri nima boʻlib chiqdi? Buning ham Xudo bir belgilagani bordir, oshiqishmasa?..

Ishkomlar jarlik yoqasida tugab, oʻrtadagi soylikka tushib bora boshladik. Pastdan hov bir vaqtlar Boʻzsuvdan savat qaragani tushib yurgan kezimizdagidek, suv oʻtlari bilan baliq hidlariga yalpiz boʻylari qoʻshilib, omuxta boʻlib ketgan «katta suv hidi» kelib turar, oʻsha, shu yerga kelganda burilaturib oqmay toʻxtab qolgandek katta suv betida esabaland osmonu tik oʻpirilgan jarlar... bir ajoyib akslanib, koʻrinar edilar. Bunga sari qirg‘oqlardagi tollar bir pakana tortib ketganlarki, ularning tagiga tushibgina bular ham rosmana tarvaqaylagan qari tollar ekanini, tagidan soya arimay, jimlik degani shu yerlarda bolalashini koʻrmoq mumkin. Biz soyga tushib borganimiz sari qoʻltiq-qirg‘oqdagi qamishlar ham boʻy choʻzib, rosmana qamishzorga aylanib borardilar.
— Vuy, uni qarang, amaqu, qamishlar nima chiqarub, tug‘ bog‘labdular?! — Yodgor ovozi doʻrillab, rasta boʻla boshlagan boʻlsa-da, bolaligi qolmay, oʻsha yoqqa chopdi.

Chindan ham u poʻpanaklar — tepasiga tug‘ bog‘lagan nayzalarga oʻxshab, bodrib ketgan edilar.
— Uzaman deb yaqin borib yurma, ehtiyot boʻl, — deb tergagan boʻldim. Lekin qani u qaytsa.
— Bitta olay? Teppaga otamiz, rosa uchadu, — dedi u yalinib.
— Mayli, ol. Lekin ehtiyot boʻl, ilonlari boʻladi qamishzorning.
— Qirg‘oqda turib olaman, ehtiyot boʻlaman.

U ketdi, men esam, tol tagidagi chimzorga tushib, (jonivor, mol tegmaganidan koʻrpa boʻlib ketibdi!) asta yonboshladim. Chindan sukunat bolalaydigan joylar edi. Hatto shunday katta suv ham shu yerga kelganda — qayrilish boʻlgani uchunmi, toʻxtab qolgandek, qilt etmas edi.

Ammo hov narigi tik oʻpirilgan qirg‘oqda in qurgan koʻk kaptarlaru yana allaqanday qushlar g‘ur-g‘urlabmi, oʻz tillarida chuldirab yotishibdi. Pastidan esa g‘a-g‘oqlagan, parillaganu patillagan tovushlar eshitilib qoladi. Suv oʻrtasida baliq sakrab, baliqchi qush chiv-chivlaganicha uchib oʻtdi. Keyin oʻsha qirg‘oq tomon boshini tik koʻtargancha ilonmi, bolachasimi suzib keta boshlab, teppadagi qaysi bir chakalakda bulbul sayrab yubordi. Chindan ham taglaridan katta suvlar aylanib oʻtguvchi jannat bog‘chalaridan qaeri kam?

Ammo bu joylar qachon kimga buyuribdi? Ilgari shu yurt uchun, uning mustaqilligi uchun bosh tikib chiqqan yigitlarni qirgan, vatandan quvib chiqargan allaqanday generallaru polkovniklar huzurini koʻrib, davru davron surgani joy qilmab edilarmi, endi Olim akamga buyuradi ekanmi? U ham shular uchun yurtma-yurt kezmaganida, allaqancha xizmatlar qilib, xorij moshinlarini minib qaytmaganida bu joyni qoʻlga kirita olarmidi? Qolaversa, osongina berib qoʻyisharmidi? Xizmati borki, indasha olmagan, tillarini tishlab qolavurishgan. Ana endi bu esa, saruq-suruq xotiniyu bolalaridan qutulib olib, kim bilan davron surmoqchi?! Uyalmagani buning?! Yana kishibilmas hovli toʻylari oʻtkazib yuribdi. Butun xolalaru tog‘alarimni bosh-oyoq sarupo-surupolar bilan siylab, og‘zilarini moylab, qaysi niyatiga erishmoqchi? Kishi koʻziga soʻqqabosh yetim, xokisorgina bir insondir. Lekin asli kim?.. Hech kimga el boʻlmas oʻsha shoʻrtumshuq bugun kim boʻlganini, qoʻli qaergacha yetishini koʻrsatmoqchimi?! Mayli, koʻrsatsin, lekin bunday emas-da! Nomardlik hisobigamas-da!

Belingda kuching, qoʻlingda quvvating borida qay yurtlarni kezib yurib eding?! Endi sochingga oq oralab, belingdan mador ketganida qavming kerak boʻlib qoldimi? Ularga oqibat koʻrsatib, ehsonlar qilib, duolarini olging kelib qoldimi?.. Men uni yurt sog‘inchida kelgan, otasining vasiyatlariga koʻra bir boshpana, bir vatan tikib, chiroqlarini yoqib oʻtirgani kelibdi, deb yuribman. Har xil begona yurt, begona koʻchalarda tentiray-tentiray axiyri koʻzi ochilibdi, oʻzinikilarni, oʻz urf-odati, dini-diyonatini sog‘inib, fitrati ochilib qaytibdi, deb yuribman. Bu esa, mana, nima niyatda ekan! Sultonmurod akam— oʻz akasi umrbod bu diyorlarga qadam bosolmasligini, bossa nima boʻlishini biladi-da! Qolaversa, qaytib koʻrsaki, oyday juvon yolg‘iz yodgori bilan toq oʻtyapti. Mashinani sotiboq shu joylarga harakat qilgan ekan-da?!

Menga alam qilardi: men bilan shuncha yurib, Sutchi amakinikiga qatnab, miq etmagan inson, shu oʻy-rejalarni tuzib yurgan ekanmi?! Quvligini, tilyog‘lama ekanini bilardim. Lekin bunchalik ichdan pishgan quv ekanini bilmas ekanman! Bilib turib og‘iz ochmagan. Ochsa, chaqib olishim mumkin edi-da. Aytardim ham! Siz Sultonmurod akamga ilgaritdan xasad qilib kelgansiz. Hozirgi achinishlaringiz bir pul! Shunchaki til uchida, xolos. Aslida uningdek boʻlolmaganingizdan haligacha ich-ichingizdan kuyasiz! Kuyganingizdan ichlaringizgacha qorayib ketgan. Qoʻyib bersa, uni otgani oʻqingiz yoʻq! Siz bu ahvolingizda otangizning vasiyatlarini ham ikki dunyoda ado etolmaysiz. Negaki ertaga Sultonmurod akam qaytib kelsa, qaerga qochishni ham bilmay qo-lasiz!

Axir inson, bir qorindan talashib tushgan kishi oʻz birodariga shundoq xiyonat etuvi, uning nikohidagi ayolni oʻz xasmiga aylantirmog‘i mumkinmi? Uyat, andesha qaerda qoldiki, osmon nikohini kimlarning qoʻli bilan buzmoqchisiz? Koʻrib qoʻying, mana, siz — kimsiz!..

Narigi qirg‘oqdan birov chaqirardi:
— Hoy, falonchi... chiqa qolunglaruv...

Ammo ovoz kelayotgan qirg‘oqda hech zog‘ koʻrinmas, tik jardagi koʻkkaptarlar esa, inlari yonida uchib-qoʻnib, bozor qilishar edi.

Beixtiyor tepamga qarab, soylik boshidagi ishkom adog‘ida kennoyimni koʻrib, hozirgi xayollarimdan oʻzim uyalib ketdim. U qarg‘ashoyi atlas koʻylagining barlari hilpiragancha, bir qoʻli ila boshidagi roʻmolini tutib, bizni chaqirib turar, bel nimchasiyu roʻmoliyu koʻylagiga qadar (nega shunaqa oʻxshatdim, oʻzim bi-lolmayman!) azador juvonlarnikidek qora koʻrinar edi.

Qamishnayza poʻpanaklar ham qolib ketdi. Yodgor aytganidek, osmonga ham otib koʻrmadik, narigi qirg‘oqqa kim osharga ham uloqtirmadik. Tort-tort, yur-yur bilan bir-birimizni qistab tepaga chiqib borsak, haqiqatan ham qorindoshlar ketish harakatiga tushib qolishibdi.

Men Olim akam bilan oʻlganimni kunidan, tishimni oqini koʻrsatib xayrlashar ekanman, u mening nega bunchalik tund ekanimni payqay qolmas, zoʻr berib, vaqt topib yetib kelganimdan xursandligini aytib charchamas edi.
— Shunaqa kelib tur. Uzulishib ketmayluk. Ijod uyidan qaeri kam?!. Bir chekkasi sizlarni deb olganman. Ilgarigi joylarimizni qoʻmsab qolsangiz kelasizlar deganman. Kelasan-a, uzoqib ketmaysan-a? — derdi.

Nima bu, tilyog‘lamalikmi? Yo men bahona kenno-yimga mulozamatlarimi, tushuna olmasdim.
— Xolamlarni esa, olib qolyapman. Bir kechadan yotib ketishsin, arvoh xotira. Faqat, xafa boʻlmaysan...

«Shunaqami, oyi? Siz ham shu toʻqigan toʻrga ilinib boʻldingizmi?» degandek qaradim.

Oyim meni bir qarashdayoq tushunar edilar. Hozir ham tushundilaru bir chetga chaqirdilar. Ovozlarini pastlatib:
— Ha, namuncha? — dedilar, — Halitdan toʻmta-yib opsan?! Oʻzingni bos, kattalar bir nima deganda ji-im turiladi.
— Oʻsha kattalar nima qilishyapti? Oʻzlari jannat-jannat deyishadiyu, birovni qaerga otishmoq- chi? — deb yubordim. — Bir kun akam eshigimizdan kirib kelsa, nima degan odam boʻlasizlar?
— Kelsin, ilohim, — dedilar oyim mening oʻtimga suv sepib, — qoʻshgani bilan oʻzi qoʻsha qarisin. Lekin sen gapning oxirini eshitmay nega qizishasan? Hali Nusrat pochcha diniy idoraga borsinlar, ulamolardan fatvo soʻrab koʻrsinlar... Xudo roziligisiz bu ishga kim bosh qoʻsharkan?!
— Har qanday fatvo ham Xudo roziligi boʻlaveribdimi? — dedim toʻrsayib.

Oyim menga yomon qaradilar.
— Bolam, — dedilar lablari uchib ham allaqanday gezarib. — Sen shariatga til tekkizma. Yoshlik qilasan hali. Biz oʻsha bilan tirikmiz, oʻsha bilan Xudoning oldiga bormoqchimiz.

Men inday olmay bosh egdim.

Qolaversa, hamma-hamma bilan, kennoyim rozi boʻlarmidi shu ishga?..

Fatvo yoxud kimki najot halqasini tutibdi

Yozarlar xonasida edim.

Tirsagimni silagancha ichimdan quyilib kelayotganlarni Gulsum opoyga peshma-pesh aytib-yozdirayotgan edim. Opoy ham «avtomat!» Mashinkaga qarabam qoʻymay shatillatib yozib yotar, oʻntala bormog‘i-la kerakli tugmachalarni qanday topyapti, aql bovar qilmas edi. Ana mahoratu ana koʻzning pishib ketishi. Qolaversa, ilhom kelsa, shu ekan. Men ham tilim burro tortib, u kishidan oʻzsam-oʻzardimki, orqada qolmasdim.

Kimdir kirdi:
— Hov, tezotar mirzo! Insof ham kerak-da odamga! Bir inson qanchadan beri kutyapti-ya!
— Kim? — dedim yoqinqiramay.
— Kim boʻlardi, kelgan odam-da.

Oʻldi maqola ham! Ilhom-ku uchib ketgan, kallada hech vaqo qolmagan edi!
— Kutmay ketsin, shunaqa paytda keladimi?! — dedim toʻng‘illab va istamaygina yig‘ishtirina boshladim.
— Ibi sizni! Kutsa — kutsin idi. Zur chiqayatuvdi. Esiz, — dedi opoy achinib. — Ulashni ayting indi.
— Bularga nima! Bularga navbat kerak, — dedim oʻsha-oʻsha toʻng‘illab.
— Navbat nimasi, qarang avval, kutaverib eziliblar ketdi-ku, — dedi hamxonam oʻzini oqlab.

Chiqsam, chindan ham kutyapti ekan. Yana kim deng, Olim akam! Toqati toq boʻlib ketganidan zinaga chiqvolib bosib-bosib chekyaptikan, koʻrib qoʻlidagini itqita, men tomon yurdi.
— Ol-a, oʻshaqdamiding, mirzo. Seni ham tutar kun borakan-ku! Shunaqa qistalang yerda ishlaysanmi? Bunday xotirjamroq joy quriganmi?
— Gazetachilik, aka! Mirzolarga qachon oson boʻlgan?! — deb men ham tegishdim. (Uni qanchadan beri yanib yurishimni ham, oʻshandan beri koʻrarga koʻzim, otarga oʻqim yoʻqligini ham unutgan edim. Birov seni izlab keladiyu gina-kuduratlaring qoladimi!) Borib qoʻlini olmoqchi edim, u quchog‘ini ochib, bag‘riga bosgancha (qaerdaligini ham unutib!) «piypalay» ketdi: ming yil koʻrishmagan odamdek hali bag‘riga tortib, belimdan koʻtarib-koʻtarib qoʻyadi, hali oʻpib, yalab-yulqaydi!

Halitdan qay goʻrda jindek otib ola qolibdi, hidi gurkirab kelib turibdi. Nima voqea boʻla qolibdiki, yana bunaqa narsalarni og‘izga olibdi? «Yetar, shuncha gunohga botganlarim. Endi halqumimdan faqat halol narsa oʻtadi!» deb katta ketgan edi-ku. Nechuk!»

Xonaga boshlasam — ichgan, noqulay, boshlamasam, mehmon degan nomi bor. Hardamxayollanib:
— Keling, qay shamollar uchirib?.. Hari sindirib yuborsa kam-ku, — dedim.
— Qoʻy, ketdik-ketdik. Ilojini qilsang, biron soatga javob ol. Gadoytopmas biron yerga borib, bir otamlashmasam, yorilib ketaman, Xudo haqqi. Boʻptimi? Men pastda turaman, xoʻp?

Maqola-maqolada qoldi, ish ishda. Mudirimdan javob soʻrab chiqib edim, Olim akam bitta mashina toʻxtatib turibdi.
— Qayoqqa? — dedim hayron qolib.
— Qayoqqa boʻlardi, aytdim-ku, biron bahavoroq joy topmasang yorilib ketay depman. Xoʻsh, qayoqqa boramiz? Keyin oʻzim opkelib qoʻyaman, qoʻrqma. Chin soʻzim.

Ola, toza odamiga uchrabman-ku. Dardi bir olam-ku buning. Og‘zidan soʻz emas, dud chiqyapti. Yana nima voqea roʻy bera qolibdi?
— Mashinani nima keragi bor? Anavi yerda xilvatdan-xilvat «Koʻk gumbaz» began joy bor. Gʻir-g‘ir shabadasi bilan. Piyoda-yayov oʻta qolamiz, — dedim.

Koʻnmadi:
— Toʻxtatdikmi, tashlab oʻtadi. Sazasi oʻlmasin buning ham, oʻtir.

Sezdim: shoferdan ham burun uning sazasi oʻlmasligi kerak. Boʻlmasa, jindek otgan odam — xafa boʻlib qolishi tayin.

Oʻtirdik, g‘ir etib aylantirib oʻtib, tashlab ketdi. Sharbatli suv chaqirib, bir chekkaga qoʻndik. Haqiqatda g‘ir-g‘ir shabada esib turar, allaqaerdan kabob hidi anqib-anqib kelar edi. Choyxona tomondan shekilli.
— Ovqatlanib ola qol, tushlik ham qilasan-ku, baribir, — deb toʻrttadan kabob, osh chaqirdi.
— Mezbon kim oʻzi? — dedim men ginam qoʻzib.

U tizzamga urib, oʻtkazib qoʻydi:
— Sen bizdek boʻlguncha hali koʻp qovun pishig‘i bor. Izzatingda tur, mirzo degan noming bor.

U desam, bu deydi, bu desam u, koʻnmadi ishqilib.

Jim ovqatlana boshladik. Aftidan koʻrinib turibdi: nimadir roʻy bergan. Oʻsha narsa ichida g‘alayon qilib yotibdi-yu, oʻzini bosyapti. Shunda yuzi boʻrtib, quloqlarigacha qizil tortib ketadiyu, gap ochaqolmaydi. Yo oʻsha gapni menga aytolmayapti, yo mavrid kutyapti.

Axiyri:
— Boʻldi, — dedi oldidagi sixlaru talinkalarni nari surib, — Oʻzi yaxshi joy ekan-u, lekin kabobni qotirmabdi. Men oʻrgamchikka bundan yaxshi pishiraman.
— Goʻsht jonivor yaxshi boʻlsa, yap-yangi boʻlsa — mahorat keragamas, — deb qoʻydim uning koʻngli uchun. Lekin kabobning tuz-namagiyu ta’mi joyida edi. Olim akamning uni nishxoʻrdga chiqarishi boshqa narsadan edi, chog‘i. U axir men bilan kabob yeb otamlashgani kelibdimi! Havo yetmay pishillashiyu mishillashidan, yuragi siqilib ketayotgani aniq.
— Nima boʻldi? — dedim koʻk choydan unga ham, oʻzimga ham quyib.

Oʻsha nimanidir ichiga sig‘dirolmay koʻkragini stol-ga berib, uni ikki chekkasidan tutgancha rosmana mast odamdek oʻtirgan Olim akam qaddini rostlab, birdan oʻzini orqaga tashladi va aftimga aftodahol ham alamli tikildi:
— Yoʻq, mirzo, avval sen ayt! Senam meni shunday pastkash odam deb hisoblaysanmi? Shu niyatda qaytib kelibmidim men? Oʻsha joylarni shu niyatda olib, shu niyatda quribmanmi? Men bir marta adashib, nomim qora boʻlgan odam — qoraligimcha qolarkanman-da? Yoʻq. Men bu niyatda kelmagandim, mirzo?! Meni kim deb oʻylashibdi u tog‘alaring? Men ham bir odamdek, solih bir farzanddek otamning chirog‘ini yoqib oʻtirgani, jigarlarimning boshini qovushtirgani kelsam, ular nima deb oʻylashibdi? Kim deb oʻylashibdi?! Men muruvvat boshpana izlab kelibmanmi? Kindik qonim toʻkilgan yerni sog‘inib, uni vatan tutib oʻtirgani kelsam, kim deb, nima deb tushunishibdi! Sig‘sam hamma yerga ham sig‘ib ketaverardim. Lekin odam oʻzinikilar ichidagina, kindik qoni tomgan, ota-bobolari oʻtgan yerdagina bir halovat topib oʻtirmog‘i mumkin-ku! Men oʻz urf-odatlarimizni sog‘inib kelgan edim. Otam topingan narsaga men ham topinsam, ular qibla tutgan joyni men ham qibla tutsam degandim. Tog‘alaring toʻg‘ri tushunishmabdi, mirzo. Men ulardan unday oqibat kutib kelmaganman. Mendan bir og‘iz soʻramay-netmay, nima ishlarni boshlab yurishibdi?!

Kutilmaganda stol ustiga uning mushtimi, nima kelib tushib, piyolalaru talinkalar sakrab ketdilar. Men bittasini zoʻrg‘a ilib olib qoldim, naq polga tushib chil-chil boʻlar edi. Ammo u buni sezib-sezmadi ham. Oʻsha qizishgancha davom eta ketdi:
— Oʻzing oʻyla, mirzo, endi men kim degan odam boʻldim, eshitgan quloqqa?! Qolaversa, ular, u jabrdiydalar nima deb oʻylashyapti ekan? Oʻzlarining koʻrgiliklari, shu kungacha koʻrganlari kam ekanmi? Endi bu isnod ham bor ekanmi ularga, menga? Nimaga eshitib ham indamading sen? Sendan lozim emasmidi, qaytarib tashlash? Kim aytadi seni oʻqigan, oq-qorani tushungan deb?! Akam oldida bir marta yuzim shuvut boʻlgani yetmaskanmi? Yana yuziqoralik uchun kelibmanmi men? Shunaqa, uka, pichoqni avval oʻziga urib koʻrish kerak-da, og‘rimasa, boshqaga urish kerak. Har narsaga aqllari yetgan tog‘amiz shunga kelganda oqsabdimi? Tavba! Xolam-chi, oyinglar-chi, indamadilarmi? Har narsadan adolatni ustun qoʻyadigan oying g‘iq etmaganlariga hayronman. Yetimning boshini shunaqqib silarkanlarmi? Birovlarni isnodga qoldirish evaziga-ya?! Men ham odamman-ku. Menda ham hamiyat, degan narsa bordir. Uyat, or-nomusni yig‘ishtirib tashlamagandirman juda. Soʻqqabosh qaytgan boʻlsam, menga ham Xudoning yozgani bordir, atagani bordir! Til bormaydi hatto aytishga! Men qayniman-ku, axir! Oʻrtada akam turibdi-ku, axir. Men kimga deb olibman bu hovli-joylarni! Kimga deb quribman — agar akam qaytib kelmaydigan boʻlsa?! Otam-chi? Akang bilan topish, deb vasiyat qilgan otam goʻrlarida tikka turmaydilarmi shundan keyin?! Qiyomatda, oʻsha tongla Mahsharda men u kishining yuzlariga qay koʻz bilan qarayman? Nima deb roʻbaroʻ boʻlaman?! Shuni oʻylashadimi bular?

Rostini aytsam, men hech kutmagandim. Har narsani kutsam-kutgandirman, lekin Olim akam shunday gaplar bilan keladi deb, hech oʻylamagandim. Xayolimning bir chekkasidan oʻtib ham qoʻymagandi bu. Oʻzimning anavi kungi alam-achchiqlarim, yonib — damim ichimda ketganlarim esimga tushib, oʻzim uyaliblar ketdim. Men uni bu ishdan xabardor deb ne xayollarga borib edim! Uni esa, yetti uxlab tushiga ham kirmagan ekan! Qarab turib, suyib ketdim. Oʻtirgan yerimda egilib, yelkalari aralash boshidan quchib oldimu qoʻyib yubormay, quloq yumshog‘i ostilarini, boʻynilarini iskab-iskalana ketdim:
— Olim aka, akajon! — deyman-u, u yog‘ini aytolmayapman. Boʻg‘zimga kelib turib qolgan qaynoq yig‘imi, nima aytishga qoʻymayapti. Ovozim ham goh ichimga tushib ketib, goh vulqondek otilib chiqadiyu hech tushuntira olmayman. Faqat qaytarib qoʻymayapman:
— Bor ekansiz-ku, Olim aka! Faqat biz gumrohlarni kechirsangiz, bas! Siz haqingizda boshqa xayollarga borib yurganlarni... kechirolsangiz kechirib qoʻ-ying, — deb qattiqroq tarmashaman, bosh-koʻzlaridan oʻpaman.

Bizni koʻrganlar nima deb oʻylayapti, degan andishaga-da borib qoʻymasdim.
— Faqat menga ishonsangiz, bir gapni aytay, — dedim axiyri.
— Nima deysan? — dedi qaddini koʻtarib. Men qoʻllarimni tortib, joyimga choʻkdim. Lekin chin gapim: qaytib quchib olgim, hech kimdan uyalmay yuzlaridan oʻpib-oʻpib olgim bor, yuragimda borini toʻkib solgim bor. «Siz Sultonmurod akamning chin ukasi— tug‘ishgani ekansiz. Endi bildim» degim kelyaptiyu, aytolmayapman. Aytishga yigitlik g‘ururimmi, nimadir qoʻymayapti. Yoʻq, qoʻymayaptimas, bu gaplar oʻzi shundoq ham ayon, tushunarli-ku. Yaxshisi, koʻzlaringdan, yuzlaringdan uqib olaversin, deyapti kallamning ich-ichida oʻtirib olgan bir mitta chol. Bilaman, u men oʻzim. Aytolmaydigan gaplarimni u goho ana shunday oʻzimga shipshib turadi. Hozir ham koʻnglimdagini aytolmadim. Buning oʻrniga ham:
— Siz koʻpam qayg‘urmang,— dedim sekin.
— Nega? — dedi u hayron qolib.
— Avvalo, unchalik uyalishga oʻrin yoʻq. Bu gaplardan kennoyim bexabarlar. Qolaversa...
— Nima, qolaversa? — dedi u bilagimni sindirib yuborgudek changallab.

Men uning kiftlarini silab tinchlantirishga urindim:
— Qolaversa, pochcha ulamolardan fatvo boʻlmaguncha kim bu ishga bosh qoʻshadi, deganmishlar.
— Ola, hali shungacha borishibdimi? — dedi u yuziyu fe’li oʻzgarib.

Oʻrtaga shunaqa sukunat choʻkib, u miq etmay qoldiki, men uning bunday oʻtiruvidan qoʻrqiblar ketdim. Yoʻq, u oʻzida bir kuch topib, boshini sekin koʻtardi. Aftimga qattiq tikilib:
— Nima deyishibdi... oʻsha shariat peshvolari?..— dedi achchiq ustida.
— Bilmasam, — dedim mening ham koʻnglimga bir sovuq g‘ulg‘ula oralab. — Oʻshandan beri u kishini koʻrganimcha yoʻq.
— Tur, ketdik, — dedi u dabdurustdan qoʻzg‘ola boshlab. — Ketdik-ketdik, shu bugunoq bir yoqli qilib kelamiz. Kim koʻtarsa, koʻtarsin bu isnodni, men koʻtaraolmayman!..

U yoʻlakay oshxona xizmatchisiga haqini tutqazib, zinadan tushaverdi. Keyin katta yoʻl yoqasiga chiqib, mashina tutmoqqa boshladi. Bormay koʻr-chi, noiloj ergashdim. Oʻlganni keti shahid, deganlari shu boʻlsa kerak! Yetib borgunimizcha ham miq etmasa-ya. Naq yuraklarim yorilayozdi. Shariatda sharm bormi, yoʻl bersa, nima boʻladi, deb yuragim poʻkillagandan-poʻkillardi.

Borsak, pochcha hovlidagi kaftdek yog‘och soʻrichalarida koʻzoynak tutib, kitob koʻrib oʻtirgan ekanlar. Biz xolavachchalarni koʻrib, boshlari koʻkka yetgancha, inqillab oʻrnilaridan tura boshladilar-da, keyin qaddilarini rostlab:
— Oh-oh, Olim, oʻzginangmisan? Xudo seni yetkazganini qara! Qani, chin vallomat soʻzingni ayt! Oʻynab bersanmi, yo suyunchini kattasini olib kelasanmi? Men fatvo toptirib qoʻydim, — desalar bormi, Olim akam demaganlar darvozaxonadan oʻtolmayoq taxta boʻlib qoldi. U na pochchaga qarab yura olar, na bir og‘iz bir narsa deya olar edi: yuzi quv oqarib ketibdi! Koʻrib, oʻzim ham qoʻrqib ketdim.
— Chindan shariat, — derdim-u, u yog‘ini aytolmasdim.
— Ha, dovqur? Seni kim aytadi, eshon pochchamning kenjalari deb? Shuni ham bilmaysanmi oʻzing?

Xoʻb pochchamiz borlar-da. Birov ne ahvoldayu u kishi qiqir-qiqir kuladilar. Bosh chayqab-chayqab, tir-qirab chiqqan koʻzyoshlarini arta-arta, qayta boshdan kuladilar.

Axiyri:
— Hay, jiyan-a, jiyan, men boʻlaman-ku, seni oʻtga otib, olovida isinamanmi? Sen soʻrasang-chi avval fatvoni. Uni qay goʻrdan topganimni! Muftiy janoblaridan soʻrab keldim-ku, axir. Oddiy ulamodan olsam, qoʻrqsang yarashardi. Eshit, u qulog‘ing bilan ham, bu qulog‘ing bilan ham, — dedilar u kishi dona-dona qilib, — agar kishi hijrat qilib ketib, orqasida ahli ayoli qolgan boʻlsa, nikohidagi erini... necha yil deymi, toʻqson yil kutsa joiz ekan. Demak, osmon nikohini hech kim buzolmagay. Muftiy taqsir ayttilarki, kim bul fatvoni tutibdi, najot halqasini tutibdi, Alloh rozi boʻlsin, dedilar. Ey sen, kichkina Mahmudxoʻja, borib kennoyingdan suyunchini olaver. Ularning Sultonmurod jiyanimiz bilan nikohlari hali-veri buzilmagay, — dedilar. Shunda olam bir yorishib, charog‘on boʻlib ketganini sezdim-u, lekin u nimadan edi, bilolmaganimcha qoldim. Olim akam esa, koʻzda yosh ila pochcha tomon quchoq ochib borardi.

Tutqin

Ishdan qaytsam, oyim ayvonda qarshi oldilar. (U kishining oyoqlari og‘riydi. Bir vaqtlar lat yegan joyi endi bilinyapti. Hovliga tushishdan koʻra, ayvonga emaklab chiqib, oʻtirib oladilar-da, oʻsha tizzalaridan pastini silagancha uzun xayolga beriladilar. Biz uzun xayol deb oʻylasak, u zikr ekan. Endi tushunyapmiz).

Men salom berdim. U kishi alik olib, hol soʻragan boʻldilar:
— Yaxshi keldingmi, bolam. — Shu asnoda oyoqlarini silashdan ham toʻxtadilar, sezdim og‘riyotganini menga bildirgilari yoʻq.
— Rahmat, — dedim botinkam ipini yecha boshlab, «nima, anavi kungi moy qoldirmadimi og‘riqni», deb soʻrashga iymanib turgan joyimda... oyim qaytarib soʻradilar.
— Mashinalar koʻpayib qolganmi, yo haliyam oʻsha-oʻsha — ikki soatda bir keladimi?
— Nima edi, oyi? — deb bosh koʻtarib yuzlariga qarasam, menga achinib, tikilib turibdilar. Ona— ona-da. Gʻalati boʻlib ketdim. Tezdan holatimni oʻng-lashga shoshildim. — Ey oyijon-a, har kuni boravergandan keyin odamga oʻrganish boʻlib ketadi, bilinmaydi.
— Shunaqa-ku, yaqinroqdan biron ish topsang boʻlarmidi?

Hayron qoldim.
— Nega, oyi?
— Rizqni beradigan — Xudoyim. Oʻzingni oʻtga-choʻqqa uravermasang ham qozonimiz qaynamay qolmas. Qiynalib ketding.
— Men-a? — men u kishining nima demoqchi ekanliklariga hamon tushuna olmasdim. — U yerga odamlar yetolmaydi-ku, oyi, — dedim nihoyat. Oʻzim ayvon ostonasiga oʻtirgancha qolgan edim.
— Endi aytaman-da, — dedilar u kishi koʻzlarini tushirib va yana oyoqlarini bir qur silab qoʻyib.— Bizam g‘animat. Kunduzlari koʻrgim keladi, sen esa,— u kishining koʻzlari namlanib, bir g‘alati yiltiradi, — bugungicini aytmasa, qosh qorayar ham daraging boʻlmas, vaqt ikki xuftonga yetar ham jujur mashinang tashlab keta qolmas. Eshikka tikilgan odamga qiyin-da, bolam.

Tushundimu g‘alati boʻlib ketdim. Ilgarigi gallardagidek «otdeksiz, oyi, Nikolayning yog‘ini yeganlar bilan paxta yog‘i yeganlar baravarmi» deb hazilga olib keta olmadim. Ichim uvishib qolganini koʻrib... oyimning oʻzlari gapni boshqa mavzuga burib yubora qoldilar.
— Ha, aytmoqchi, akangning anuv shaharlik oʻrtog‘i keluvdi. Tutingan oshnasi-chi, oʻsha.
— Chaman akami?
— Ha, bularning oʻsha suyangan tog‘i.

Tushundim, ammo ichim battar hapriqib borar edi:
— Tinchlikmi, nima deydi?
— Bular yoʻq edi, tikuvchinikiga ketishib edi,— dedilar oyim qoʻrqma, degan kabi. — Birpas Yodgor bilan oʻtirdi. Keyin ketdi.
— Hech narsadan hech narsa yoʻg‘-a?
— Nega, toʻyga aytib kepti seni. Boringlar, dedi.
— Toʻy? Qanaqa toʻy? — Men hech narsaga tushuna olmasdim.
— Qanaqa toʻy boʻlardi, oʻzi uylanayotganmish, — nimasiga tushunmading deganday qaradilar oyim.

Mening koʻz oʻngimdan esa, oʻsha kovshandozi moʻ’jaz xonadagi oq ruh karavotda oʻtirib qolgan oq-oppoq kampir ketmasdi: nihoyat orzusiga yetibdi-da u kishi? Unatibdi-da? Yana boshqa narsayam koʻz oldimga aylanib-aylanib kelaverar edi: oʻsha Yodgor bilan chiqqanimiz — boloxonadagi ular turgan joy, uning derazasi, derazasidan koʻringan ishkomlar, Kalkovuz suvi, uning boʻyidagi qator tollar, qolaversa, oʻgirilgach devorda koʻrganim — g‘aroyib surat — bir qarasang kennoyim, bir qarasang akam va yana bir qarasang u — Chaman akam boʻlib koʻringuvchi narsa yodimga tushib ketgan edi.
— Picha boʻlsa ham kut...madimi?
— Kimni? — Oyim tushunmadilar.

Mening esa, nomini aytishga tilim aylanmas, ne xayollarga borib gunohga botayotganimni oʻylar, oʻylagan sarim yuzimu quloqlarim osti yonib borar edi.
— Oʻsha, necha yil panohida asrab kelgan kishisi— kennoyimlarni-da? Ularni ham aytgani kelibdimi, axir?
— Ha-a, — dedilar oyim endi tushinib, — aytdi, «bular ham borishsin. Oyim boshlari koʻkka yetadi», dedi. «Oʻzlari bilgan joy», dedi.

Mening koʻnglim xuddi chanqog‘i qongan odamnikidek xotirjam tortib qolgan edi-yu, oʻzim boyagi xayollarimdan endi ich-ichimdan uyalib bormoqda edim.
— Yodgorni-chi, olib borarmikanmiz? — dedim bosh-qa gap topolmay. Men atrofga alanglab, uni izlardim, lekin hech yerda koʻrina qolmasdi.
— Voy, hamma qolib, uni obormay boʻlarkanmi? Ichikib bir yerga yetgan ekan, koʻrib naq yopishib oldi-ku. Keyin senga bir nimalar yozib tashlab ketdi. Nima desam, Yodgoring taklufnoma, shunaqasi rasm boʻlibtu, deydi. Mana. — U kishi omonatni nimchalarining yon choʻntakchasidan olib uzatdilar.

Rosmana taklifnoma, orqasida chumoli izidanam mayda bitik-xat. Oʻqishga tutindim.

«Maqsud, ukajon. Biz ham ozod qush edik! Ota-ona orzusi bizni ham tutqun etdi! Na qilaylik, bor ekan taqdirida, deganlaridek... koʻndik. Toʻrva xalta boʻyinga tushdi, ukajon. Endi biz ham hamma qatori yashamakchimiz. Eplay bilamizmi-yoʻqmi, uni yolg‘iz Alloh bilgay.

Borgin, akangni koʻrgandek boʻlaman, Chaman».

«Voh, shunday odam axir sinibdimi?!» deb yubordimu oʻz xayolimdan oʻzim qoʻrqib ketdim. Ketidan keladigani... chindan qoʻrqquvlik edi: Axir nega sinmayotgan edi?!

Boshqa degani bormidi yo?

Kim edi u?..

Nimani kutar edi?

Yo biron qasam ichgan joyi bormidiki, uylanolmasa?

Qachon uylanmoqchi edi?

Akamni qaytarib olib kelibmi, tinchibmi?

Endi-chi, noilojlikdan, onasining — oʻsha besh kunligi bormi-yoʻq, oq-oppoq boʻlib oʻtirgan onaizorning soʻzini tashlay olmay uylanmoqdami?

Unda nega ichi yonib ketyapti? Dudi osmonga chiqib, nega ozod qush edik, tutqun boʻldik, demoqda?

Kimni deb boʻydoq oʻtmoqda edi?

Bu savollarga qani edi biron javob topolsam...

Toʻy ham bir chiroyli oʻtdi. Rasm-rusumi joyida boʻldi. Qudalar ham rozi ketdi.

Biz hammamiz tushib bordik. Yodgordan kennoyimgacha. Oʻz xesh-aqrabolarimiznikidagidek «qamishdan bel bog‘lab» xizmat qildik. Ayniqsa, oyimlar bilan opa-singildek topishib qolgan Oytoʻra buvining esi ketdi. Bir duo qildilar, bir duo qildilar. Duolari dargohida qabul boʻlgan boʻlsin. Shu bilan bu xonadonga xotirjamligu xalovat inib, Chaman akamning uzun-uzun ketishlari orqada qolib, tup qoʻyib palak yozadigan payti kelgani rost boʻlsin. Alloh uning koʻngliga bu kelgan izli-qutli kelinga muhabbat, yaqinlariga mehr solsin. Duo yaxshi narsa, hammamizning koʻnglimizni iylab-iyitib yanada yaqin qilib qoʻygan edi. Goʻyo uzulmaydigan rishtalar bilan bog‘lab tashlagandek edi.

Hatto Chaman akam ham sipo tortib qolgan, uyatchan kuyovtoʻralardek qizaribgina, tortinibgina qarab qoʻyishini aytmasa, Oytoʻra buvining gaplariga soʻz qoʻsholmay yer chizib oʻltirar edi. U toʻrvaxalta boʻyniga tushganidan xursand ekanini ham, xomush ekanini ham bilib boʻlmas, men uni ichida jon-jon deb turganini tashiga chiqarolmayotgan kuyovlarga ham oʻxshatolmasdim. U koʻproq toʻrga tushib qolganini sezdirmaslikka urinayotgan kabi edi. Balki menga shunday tuyilgandir.

Harqalay, u biz bilan xayrlasharkan, kelganimizdan boshi koʻkka yetganini qayta-qayta aytib, qoʻlini koʻksidan uzmasa-da, yana nimadandir juda-juda xijolat edi. U goʻyo endi ilgarigi suyangan tog‘imiz — ishongan bog‘imiz emasdi, endi uning oʻz oilasi, tashvishlari bor edi, oʻzidan ortib, bizga muruvvat qila olmas, panohiga ham ola bilmas, akam haqda undan xushxabarlar ham kuta olmasdik. Chunki endi u uzoq komandirovkalariga chiqa olmas, akang haqda xabarlar bor, zora oʻzini koʻrsam deb, zudlik bilan joʻnab keta olmas edi. Uning boʻyniga oila atalmish boʻyinturuq tushgan, Kalkovuz boʻyidagi shu hovliga ipsiz bog‘langan edi. Chaman akamdek ozod qush bu toʻrga qanday ilina qoldi, hech aqlim yetmasdi. Sababi — men sizga aytsam, anchaga dovur ma’lum boʻlmay qoldi. Bu oʻrtada yoz oʻtdi, kuz ketdi, qish chiqay deganda shahardan xabar keldi. Oytoʻra buvi nevara koʻribdilar. «Muborak boʻlsin»ga oyim bilan kennoyim tushib chiqishdi.

Shundan ikki haftalar oʻtgandimi, ishxonaga qoʻng‘iroq boʻlib qoldi. Olsam — Chaman akam: boshi osmonda:
— Oʻzingmisan, pakana pari? Uka degan ham shunaqa boʻladimi? Xabaram olay demaysan, tabriklay ham demaysan? E, barakalla!
— Muborak boʻlsin, oʻg‘ilchalar! — dedim xijolatlarga botib.
— Muborak ham gapmi, xari sindirish kerak! Akang qarag‘ay shu kunni kutib oʻlib boʻldi, koʻkraklari teshilib ketdi-ku. Bu yog‘i ozodlik, yana xurlik-ku, Maqsud. Eshityapsanmi?

Men esovsirab qolgan edim!

«Qiziq-ku! Shu kunni kutib yotgan ekanmi?! Kelinposhsha bilan (tavba, nega kelinposhsha boʻlsin! Kelinoyi-ku!) ahdnoma shunday ekanmi?» Chindan u qanday rozi boʻlibdi ekan? Buning yurishlariga, bedarak tentirab ketishlariga! Bekorga u qariqizni, «oʻqiy-oʻqiy shahar olib bera olmagan», onasiga shahar olib berolsa ham oʻziga baxtdan taxt yaratolmagan oʻsha olimani xotinlikka olmagan ekan-da. Jindek shunga oʻxshash gaplar qulog‘imga chalingani bor edi. Goʻyo «Bitta qoʻchqordek oʻg‘il tug‘ib bersang, bas, oyimning armonlari ushalsin. Keyin oʻshanga andarmon boʻlib oʻtiraverasizlar qaynona-kelin...» deganmish, tavba.

Voh! Shunday boʻlsa, yana yaxshi-ku! Akamning chopari, kimlarning «suyangan tog‘iyu ishongan bog‘i» oʻlmagan ekan-ku! Iste’foga chiqmagan ekan-ku soqchi farishta! Yuragiga balli-ey, bir yilga chidab oʻtiribdi-ya! Endi tentirasa, qayoqqa borarkin? Akamni izlab qay diyorlarga oʻtarkin? Qay sarhadlardan oshib, qay shaharlardan uni soʻroqlarkin? Yoʻqotgan izini qay sahrolardan izlarkin? Biron mujda topganmi yo tavakkalchini ishini Xudo oʻnglar deb, otlanib qoldimi? Ruxsat berishmasa, qayoqqa boradi?
— Tushaymi, qaerdasiz? — dedim yutaqib.
— Tush-tush. Olib ketgani keldim-da seni. Ichlarim toshib ketdi-ku, pakana pari. Senga yorilmasam kimga yorilaman? Boʻl, yig‘ishtir ish-pishingni. Bir kun sensiz ham chiqar oʻsha hech kimga keraksiz gazeting...

Ol-a, shu yerga kelganda oshirvordi-ku. Odamning hamiyatiga tegib ketadi ham demaydi-ya. Xuddi bir vaqtlardagi salti-svoy Charli chapanidek nimalar deyapti?! Shuncha odam koʻr boʻlib chiqargan gazetni nima demoqda? Rosti, gapi endi menga nasha qilmoqda, ichimda alammi, bir nima g‘imirlashga tushgan edi. Chindan ham hech kimga keraksizmi? Kimning gapini gapiryapti? Hamma-hamma bilan, u shunday deb tursa-ya... Alamdanmi, nimadan tilim tanglayimga yopishib qolgandek edi goʻyo!..
— Ha, daming chiqmay qoldi, biron yumushing... — dedi u sal yumshab.

Men ham uni ayadim. Axir kimsan akamning qiyomatli oshnasi. Boshqa birov boʻlganida eshitadiganini eshitib olardi. Haqimni qoʻymasdim balki... Lekin bu akamning tug‘ishgandan a’lo oshnasi. U keladi-ku, men chiqmaymanmi? Bir arzimas gapiga zarda qilib-a?! Ot tepkisini ot koʻtaradi-da.
— Yoʻq, chiqayapman, yumush-pumushi bormi! Hammasi sizdan aylansin, — dedim.
— Bu boshqa gap, pakana pari. Oʻzingga yetari yoʻq. Boʻlaqol, — deb shoshirdi.

Yoʻlakay paltomni egnimga ila-ila kubankamni qoʻlga olgancha zinadan pastga oshiqdim.

Oʻpkamni qoʻltiqlab degandek tushib borsam, tushdan avvalgi yilt etgan eshak oʻldirar oftobda jindek erib, yana qatir-qutur yaxlamoqqa boshlagan yoʻlkada Chaman akam betoqat borib-kelmoqda. U meni koʻrib chekib turgan sigaretini qorga itqitib, oʻzi menga quchoq ochgudek yurdi.
— E, bormisan, Kattabog‘ning guli! Oshnaginamning pakana pari ukaginasi! Soʻrab kelmasam, oʻzing boray ham demaysan?! Oqibat shu boʻldimi?
— Uzr, uzr. Eshitibam oʻtolmadim. Muborak boʻlsin, yangi mehmonlar? Oti nima boʻlda, polvonning oti? — dedim ginalarni unuttirishga urinib.
— Oʻg‘ilchanimi? — dedi u quchog‘idan qoʻyib yubormay. Undan hozirgina chekkan sigaretining hidi gurkirab kelar, oʻzi esa meni yalab-yulqashga tayyor edi.— Olma olmadan nari tushganmi, ammo men ixtimat qoʻyib, oshnamning nomini berdim. Adashiga oʻxshab, botur boʻlsin, undanam uzoqqa borsin. U yetolmagan orzularga hech qursa bular yetsin deb, shunday qoʻydik. Qalay, senga yoqdimi?
— Sultonmurod debmi? — dedim hayratu shodligimni ichimga sig‘dirolmay.
— Ha, toʻlig‘icha qoʻydim. Irim qilib emas, niyat qilib! — Keyin kutilmaganda qulog‘imga engashib shipshidi, — Bilib qoʻy! Har ish niyatga bog‘liq. Payg‘ambarimizdan shunday hadis bormish.
— Rahmat, unutmaganizga... — deyoldim ichim allatovur achishib kela boshlab.
— Unutish? — dedi u ikki yelkamdan changallab tutib turganicha, koʻzimdan koʻzini uzmay. — Qayoqdagi gapni gapiryapsan sen?! Uni unutsam, Chaman otimni boshqa qoʻyarman! Usiz men kimman? — dedi meni silkilab, keyin itarib yuboraturib, mahkam oʻziga tortdi-da, qoʻshdi. — Qoʻy bu gaplarni hozir: yaramga tuz sepma. Undan koʻra ketdik. Oʻg‘ilni yuvamiz biron yerda. Bir otamlashib, ezilishaylik.

Mening miyamga qachondir, kimdandir eshitganlarim urilib, bosh chayqadim:
— Otamlashsak otamlashaylig-u, lekin yuvmaylik. Chillasi chiqmagan bolaga yaxshimas. Yuk tushadi, deydilar oyim. Undan koʻra, biron holiroq issiq joy topaylik, — dedim iymanibgina.

Chaman akam dabdurustdan yelkamga qoʻlini tashlab, qoqdi:
— Oʻlma. Shunday kunda tanchadan zoʻri bormi? Yur, uyga ketdik. Bozillagan tanchada bir bitimiz toʻkilsin.
— Bu boshqa gap. Shoʻrvani solib qoʻyib, ezilishganga nima yetsin. — dedim. Ichimda esa, nimadir g‘urmishlagandan-g‘urmishlab nimani ilinib kelibdikan, deb turibman-u, soʻray olmayapman. Chaman akam boʻladiyu behudadan-behudaga soʻroqlab keladimi? Balki, avvalgi safarlarida topgan xatlaridan qolgani boʻlsa oʻshani ham bermoqchidir?..

U ixcham, uzun qora charm palto kiygan, boshida ham charm kepka, hatto qoʻlqopi yumshoq — toza charmdan edi. U shu turishida qora mashinalarda yuradigan amaldor vazirlardan bir tuki kam emasdi. Men uni biron balandroq vazifaga tayinlashibdimi, xizmat mashinasi ham hozir kelib qolsa ehtimol, deb oʻylab qolgan edim.

Unday desam, bozillagan tancha haqidagi gapi qiziq... Yo qabulu majlislardan bezib, yorilarga mendek bir yaqin suhbatdosh istab qoldimikan?

Hukumatning qora mashinasi ham kelmadi, uning orqa oʻrindig‘iga ham oʻtirmadik. Nechta binoyi taksilarni oʻtkazib yuborib, kepkasining moyi chiqqan bir kirakashning mashinasini toʻxtatdi-da, savdolashmay ham old oʻrindiqqa choʻkdi. Keyin yarim oʻgirilib oʻtirib olib, gap bera ketdi. Yo rosa ichi qizib, toʻkilolmay yurgan ekan, yo meni topib olib, gap xaltasi ochilib ketgan edi. Faqat men bir narsaga hayronman: bir yil burun uylanib sipogina kuyovga aylangan Chaman aka qani? Goʻyo u bir dumalab, yana avvalgi oʻz holiga qaytib ulgurgan, bir gapirib oʻn kular, koʻz koʻrib, quloq eshitmagan sarguzashtu tesha tegmagan hangomalarni qalashtirib, ichimni uzib borayotgan edi.

Yaxshiyam moy bosgan kepkasini bostirib olgan anuv sariqmoshak shofer bizning tilimizga tushunmaydi. Tushunsa, shu vaqtgacha qaybir ariqqa mashinani solvorgan boʻlarmidi. Shunda ham har sharaqlagan kulgimizga xuddi bir narsa tushungandek iljayib qarab qoʻymoqda.

Kalkovuz koʻprigidan oʻtib, suv yoqalab oʻsha ostonasi tagiga oʻn odam zoʻrg‘a koʻtargudek katta xarsangtosh yotqizilgan eshikka yetganimizda akam shoferning tizzasiga ikkita qizil oʻn soʻmlik tashlab, yelkasiga qoqdi:
— Rahmat, sariq-suruq — oʻzimizning urug‘, uka. Topganing osh boʻlsin.

Sariqmoshak ham vallomat ekan:
— Oʻzlariga-da, rahmat, shef, — deya kishibilmas bitta oʻn soʻmlikni tushayotgan akamning choʻntagiga qistirib yubordi. Nazari toʻqligini koʻring buni... deb oʻyladimu... shu zahoti oʻzimni omilarning omisi, har bitta kelgindidan fazilat izlaguchi goʻllarning bittasi hisoblab — oʻz-oʻzimdan ijirg‘anib ketdim. Shunaqqib, oʻzimizni past ola-ola kim boʻlib qolmoqdamiz?! Sultonmurod akamdek odam hech zamonda shunday hayratga tusharmidi?! Chaman akam u sariqmoshakka behuda ikkita oʻn soʻmlik tashlab tushdimi? Goʻyo ma, shunga kelganmisan, xizmat haqingni ol-da, qorangni oʻchir, demoqchimasmi? U ham anoyimas (jilla qursa, men koʻraman-ku vallomatligini!!) oʻsha xorijda ham qadrlanadigan oʻn soʻmlikning bittasini qaytarib, qistirib yubordi. Shunaqa «oʻqsiz jang» allazamondan beri davom etayotganini mana hozir anglab-koʻrib turgandek edim men. Bular ham tashlaridan sezdirmasalar-da, ichlaridan boʻsh kelmasdilar. Erta-birisi kun kim g‘olib keladi, buni yolg‘iz Alloh biladi.

Ya’ni kim Allohga yaqin boʻlsa, oʻsha yutadi. Gʻururi, ori, nomusini, demakki, dini-diyonatini qaytarib oladi. Hozircha xufyona jang ketyapti. Rosti, bunday «noma’qul» fikrlar mehmon boʻlib kelayotganidan ba’zan qoʻrqib-qoʻrqib ketsam, ba’zan akamga oʻxshab borayotganimdan xursand boʻlib ketaman...

Tushdik. Kirib boryapmiz ishkomlaru koʻmilgan tok zanglari oppoq qor tagida qolib, yana ham kengayib ketgan hayhotdek hovli-bog‘ning yapasqi g‘isht yotqizilgan yoʻlkasi bilan oʻsha tepadagi uzun ham boloxonali uylar tomon. Biz bu yerdan oʻzimiz uchun aziz odamlarni topganmiz bir vaqtlar. Og‘ir kunda ular shu yerda jon saqlashgan. Yodgortoyimiz esa, shu yerda tug‘ilib, dunyo yuzini koʻrgan. Hov anavi shoxlari har tomonga salom berib egilib qolgan tollar ostidagi koʻhna hovuz boʻylarida chopqillab yurib, katta boʻlgan. Kechalari esa, (hozir derazasiga boʻzmi — nima tutilgan) hov anavi boloxonali uyda yotib, tushlarida kimlarni koʻrgan. Shu bois ham bu hovli, bu uylar menga azizdan-aziz. Anavi chekkadagi bir uy, bir dahlizda Yodgorning oʻrnigayam (men Yodgorman deb!) buvalarining yurtiga borib kelgan, ularga sovg‘a-salomlaru mujdalar olib kelgan Saritoyu uni asrab olgan onasi Asal opa turadi. Bunisiga boʻlsa, kelin tushgan. Yonginasida (hov oʻsha boloxonaga chiqadigan yog‘och zina yonida) bu xonadonning nuri iymoni boʻlib, Oytoʻra buvi oʻtiribdilar. Hozir qaerga kiramiz ekan? Qaerga kirganimizda ham avval buvini ziyorat qilib qoʻyish qarz ham farz. Duolarini olish lozimdan-lozim. Qolaversa, yangi mehmonli boʻlishgan. Muborakbod etib, koʻrmanasini u kishiga bermoq lozim. Urf shunday, irimi shunday. Amaqisiga oʻxshab, mirzo yigit boʻlsin, bizaniyam tarixlarimizni yozsin, deb duo qilsalar, boshim koʻkka yetmaydimi?..
— Qarang, oyi, men kimni boshlab keldim. Oshnaginamning tug‘ishgandan a’lo xolavachchasi. Tanuqli mirzo... Anavi kungi mehmonlar shularnikidan kelishib edi-da. Endi bu kishining onalari bizga ham xola hisoblanadilar-da, shundaymi, oyijon?
— Voy, onayiz aylansin. Kim kelyapti desam, sizmidiz hali? Keling-keling, qadamlaringizga xasanot. Tutinganlarni tug‘ishgandan a’lo etgan Allohimdan oʻrgilay, keling, — deb bir yerga yeta ketdilar.

Qoʻllaridagi qariganda topgan nevaralari — yoʻrgakdagi bolani yonginalariga yotqizib, oʻtirgan joylarida men bilan koʻrishishga chog‘lanarkanlar, bu koʻp qadim uylar yangi mehmon koʻrishib, avvalgidan ham charog‘on boʻlib ketgandek edi. Chindan kelinning qadami qutlug‘ kepti bu xonadonga. Hammayoq saranjom-sarishta, derazalardan oftobda yarqiragan qorning oppoq nurlari toʻkilibmi, uy ichi charog‘on tortib ketgan. Ilgarigi zah-mog‘or hidlaram yoʻq. Tokcha qoziqlaridagi oxorli sochiqlardanmi va yo beshik boshiga ilingan qalampirmunchoq shodasidanmi, tanish iforlaru boʻylar taralardi. Unga norasida bola isi, yangi kelin boʻylari, Oytoʻra buvining shirin mulozamatlari qoʻshilib, uy emas, jannatga kirib qolgandek boʻlmoqda edim. Boshim ham yengil-engil aylanib kelmoqda edi goʻyo. Men bosh egib borib, oq ruh karavot yoniga tizzalagancha Oytoʻra buvining momiq bag‘irlarida qoldim. Undan esa boyagi boʻylardan ham azizroq bir boʻy — halim tortib qarigan taqvodor zotlardan keladigan bir tur ifor hidlar anqib, xuddi jannatdan tushgan deb ataluvchi anjir tagiga kelib qolgandek edim.

U kishi esa, momiqdan yumshoq kaftlari bilan boshimu kuraklarimni silab, shivirlar edilar:
— Eslab kepsiz, iloy, bizning nevaralarga ham sizning yoʻlingizni bersin. Yurtda azizu mukarram qilsin Oʻzi, — ketidan qoʻllarini ochib, duo qilib qoʻydilar, — Va sallalohu taolo ala xoyri xolqihi Muhammadin va ala alihi ashabihi ajmayin. Birohmatika ya arhamar rohimiyn.

Beixtiyor biz ham qoʻl ochib duoga qoʻshildig-u, ammo bu Payg‘ambarimiz sha’nlariga salovat ekanini, shusiz osmon eshiklari ochilmasligini hov talay yillardan keyin anglab yetdik. Ular bilgan narsalarni bilishimizga necha qovun pishig‘i bor boʻlsa-da, bu duolar bizga moydek yoqib tushmoqda edi.

Keyin Oytoʻra buvi boshlari koʻkka yetib, soʻrasha ketdilar:
— Oyiz Salomxon omon-esonmilar, kelinposhsham qalaylar? Bir-biridan shirin jujuq qizlariz bormish — boy ekansiz, katta boʻlishyaptimi? Oʻg‘ilchangiz yurib ketganmish, ilo-oy, Alloh baxtini bersin. Goʻshangalarga kuyov boʻlsin.

Shu asno yoʻrgakdagi chaqaloq guvranib, boshini dam u, dam bu tomonga burgancha iskalana boshlab edi, buvi uning tilidan ham gapirib qoʻllariga oldilar-da, boshini tikka qildilar:
— Voy, amaqujon, assalomu alaykum, bu yoqda biz ham bormiz, goʻshangalarga kuyov boʻladigan. Xush kepsiz, adajonimizning azizlari. Chillamiz chiqib qoldi bizaniyam, odam taniydigan boʻp qolamiz hademay.

Men iyib ketib, oʻrnimdan tura boshladimu qoʻyin choʻntagimdan beshta qizil oʻn soʻmlik olib, akamning mitti adashi boʻlmish bolakay yoʻrgagining ipak bog‘ichiga qistirdim.
— Vaalaykum, vaalaykum. Katta yigit boʻlsinlar. Otlariga yarasha ishlar qilib, hammaning duosini olib yursinlar. Biz yetolmagan joylarga yetsinlar, — dedimu oʻzim nimagadir toʻliqib kelib, koʻzlarim namlandi.

Bu yoqda ahli ayoli, oʻg‘li qolib, oʻzi qaytar yoʻlini topolmagan akam yodimga tushib ketgan edi. Va negadir Chaman akam shu oʻg‘lining otini bunday qoʻymay tursa boʻlarmidi... shu bilan qaytar yoʻli tamom berkilmasmidi?.. degan oʻylar kechib, ichimni tirnay boshlagan ham edilar. Islomda irim yoʻq boʻlsa-da, negadir men oʻzimni bosolmasdim. Ich-ichimdan g‘urmishlab kelayotgan bir g‘ashlikni quvarga ham yaramasdim.

Qarangki, qaytib oʻtirarimni ham, chiqishga izn soʻrarimni ham bilmasdim. Yaxshi ham Chaman akam bor ekan, u holimni tushunib, oraga tushdi.
— Oyi, bizga ruxsat bersangiz, narigi tanchali uyga joy qildirib edik. Oʻrik oʻtinning olovida tanchani bir bozillatib oʻtirmoqchimiz.
— Yaxshi oʻylabsizlar. Oyoqni hozirdan asrash lozim. Keyin mendek, manavunday kunga qolib oʻtirmaysizlar. Boravering, baxayr...

Manziratlar bilan chiqdik. Biron yoqqa ketishgan shekilli, Asal opa ham, uning asrandi oʻg‘ilchasi kemshiktoy ham koʻrinmas, faqat tashlandiq hovuz tomondagi oshxonadan yengil dudu tutun oʻrlab, olovning charsillagani eshitilar, ishkomlar orasiyu hovlidagi qor koʻrpasiga qarab boʻlmas, u oftobda ming-milliard marvaridu injularga aylanib yarqirar, qamashgan koʻzni qayoqqa olarni bilmasdik.

Biz oʻn bir toʻsin (bolor)li, laklangan toqilari qora jigarrang tusga kirib ketgan, gir aylanasiga dorpechu gulpechlar tutilgan, atir upayu qovuzdog‘u beshik anjomlarining boʻylariga qoʻshilib, qalampirmunchoqmi, goʻdak isimi, nimadir oʻtirib qolgan kelinlik uyiga kirib qolgan, tepadagi deraza tagida koʻrpa yopilgan tancha koʻrinar edi.

Chaman akam yassi g‘ishtdan terilgan xanik yonidagi kovshandozda qoʻnjli nozik botinkasini yecha turib, tegishdi:
— Mana shu bizning tutqunxonamiz. Xudo xohlasa, shu g‘urbatxonaga tushganimizga ham bir yil boʻlyapti. Kelasi haftalarga Sultontoyning chillari chiqsa, toʻrtta cholni chaqirib, is chiqarib yuborsak, qarabsizki, uy tutqunidan ham ozodmiz-da. Kelishuv shunday boʻlgan. Keyin toʻrt tomonimiz qibla, xohlagan yog‘imizga qanot yozib ucha olamiz. Ozodlik!..
— Kimdan? — deb yuboribman beixtiyor.
— Kimdan boʻlardi, — deb ishshaydi u namat ustiga oʻtib, — bu tarz bir tupkaga qamalib oʻtirishlardan. Roʻzg‘or ivir-chiviriyu hamma qatori yurishlardan. Bemaqsad, bemurod umrguzaronlikdan. Toʻydim hammasidan. Qolaversa, pakana pari, endi senga yorilsam boʻladi, boshda chaqirib olishganida shartlashuv shunday boʻlgan. Uylanasan, oʻg‘ilmi-qiz koʻrasan, chillasi chiqadi, soʻng ozodsan, ungacha boʻyningda boʻyinturuq — oʻtiravurasan. Sen bularning orzu-havasini qondir — keyin toʻrt tomoning qibla, borgancha borib, kelgancha kel. Ob-havo istansangdagi vazifalar sensiz ham ado etib turiladi. Dunyoni toʻfon bosib ketmas, kut, deb shu toʻrt devor ichiga tiqishgan edi. Mana, biz shartni ado etdik. Toy bolaning chillalari chiqyapti, kelinposhsha qoʻllari kosov, sochlari supurgi, bularning istaklarini ado etib turibdi. Qolaversa, kemshiktoy er yetib qoldi. Demak, bu xonadon erkaksiz emas. Akang qarag‘ay issig‘ ellarga qarab uchsa, boʻlavuradi. Ram-ram, ram-tararam...— deb aylana turib, qosh qoqib, koʻz uchirib, qars badabangga oʻyinga tushib ketsa, boʻladimi?

Men taxta boʻlib qolayozgan edim. Uni tabriklarimni ham, quchib olarimni ham bilmasdim. Vaho-langki, arzirdi. Shuni aytadilar-da, har narsa niyatga bog‘liq deb. Niyat sof boʻlsa, kim niyatiga yetmagay?!

Xush qol endi, jamilam… (Tangritog‘dan oʻzga diyorlardan topilgan maktublar jumlasidan.)

«Alloh senga sabr berib, Oʻz panohida asrasin. Seni unga topshirdim. Oʻzini senga vakil etdim. Tushun, jamilam, shunday ishlar boʻlib ketdi! Hamma sig‘gan Tangritoqqa bizlar sig‘may qoldik. Koʻnglum harqalay tinch edi sizlardan. Shunday dovon oshib, sarhaddan oʻtsam yetadigan joyda edim. Jilla qursa, sog‘iniblar ketsam, oʻsha dovonga chiqib tushmog‘im, sizlar panoh topgan ona diyor havolaridan tuyib-toʻyib nafas olmog‘im, u aziz yurt nasimlariga yuzlarimni tutib, soatlab oʻtirmog‘im mumkin edi. Barchasini Xudoyim koʻp koʻrdi. Tangritog‘ni tashlab chiqdik. Qori akam aytadilar: Hazrat Alidan soʻrashgan ekan: agar Osmon kamonga aylanib, Yer uning ipiyu odamlar oʻrtasidagi majorolar kamon oʻqiga aylansalar, Kamonchi esa, buyuk Allohning oʻzi boʻlsa, nishonga aylangan bebaxtlar qayoqqa qochgaylar deb. Shunda u kishi: Albatta, Alloh tomonga qochib, jon saqlash mumkin, deb javob qilgan ekanlar. Shunga oʻxshab, biz ham Uning panohiga qochmoqni afzal koʻrdik. Shoyad Ka’batulloh tomonlardan najot topsak. Ana shu umidda hijratni ixtiyor etdik. Bunda yolg‘iz Alloh roziligidan boʻlak niyatimiz yoʻq, Mahfuzam.

Toʻg‘ri, Mahfuz, Ka’ba yoʻli osonmas. Unga yetmoq dushvordan-dushvor. Ayniqsa, bizdek darbadarlar uchun mushkuldan-mushkul bir safar. Yetguncha ne diyorlarda qanday zahmatlar chekarmiz, qancha sarhadlardan qanday osharmiz — bilmasmiz. Oldinda Allohning yana qanday imtihonu sinoatlari bor, ne koʻrgiliklarga uchrarmiz, bilmasmiz. Bilmasak-da, Kamonchi tomon qochmoqni, uni panoh tortib bormoqni lozim koʻrdik.

Mahfuz, «biz koʻzingizga koʻrinmadikmi?» deb oʻpkalashga haqlisan. Yig‘lab-siqtashga, sochlaringni yoyib, yuzingni yostiqlarga burkab oʻkrashga haqlisan.

Mayli, kimsasiz uylarga qamalib olib, toʻyib-toʻyib, xun-xun boʻlib yig‘la, koʻz yoshlaringga erk ber. Busiz ham ezilgan yurakkinangni boʻshat. Ammo taqdiringni qarg‘ab tilga ola koʻrma. Bular hammasi — men bu yoqlarda qolib, sen ota yurtda orqadoshingni kutib yurmog‘ing, ayol boshing ila vatanda vatansiz qolmog‘ing — barcha-barchasi Allohning yozmishi — xohlashidir. Uning sinovi — imtihonidir. Har ikkimizga ham shundaydir. Negaki bu dunyoda Allohning xohishidan tashqari na bir yel esar, na bir kun kechar. Qalam yozishdan toʻxtagan, siyohi bitgan! Barchasi yozilib boʻlgan! Bu yozmishni oʻzgartiruvchi Allohdan boʻlak Zot yoʻqdir. Xohlasagina Oʻzi oʻnglagay. Shuning uchun ham, jamilam, gunohga botib, yozmishimizdan nolib, taqdirni qarg‘ab oʻtirma. Barchasiga koʻn. Dunyoda Allohning yozmishiga koʻngan kishidan ham oqilroq odam boʻlmagay. Ana shunday kishigina banda sanalgay. Koʻnib, Allohning roziligini topolgay.

Sen (uzr, avval sizlar edim, endi azbaroyi oʻzimga yaqin olib senlayotirman. Chunki osmon nikohi oʻqilgan yolg‘iz rafiqamsan. Men sendan tonmasman. Har qancha uzoq ketmay, unutmasman), ha, sen oʻzing oqilasan, barcha-barchasini vaqt oʻtib tushunib olgaysan. Bu jahon ayvonida Allohning ixtiyori, irodasidan tashqari hech narsa sodir boʻlmasligini anglab yetgaysan. Tushun, biz bir-birimizdan qancha olislarda boʻlsak-da, oʻrtada qancha tog‘, qancha daryolar yotsa-da, baribir yolg‘iz bir Zot panohidamiz. Uning Oʻzi yaratgan Yer ustiyu Osmon ostidamiz, undan chiqib ketmaganmiz. Qolaversa, uning xush koʻrgan dinidamiz. Oʻzi panohida asragay bizni. Shuning uchun men sendan xotirjamman. Oʻziga topshirib qoʻyganman seni! Hech bir kimsa seni ul Zotdek asray olmas! Faqat sen buni tushunsang, bas. Oʻzingni unga topshirsang, hasbiyallohu ne’mal vakil1, deya tavakkul qilsang, bas. Oʻzi asragay. Ana shunda, bilki, qalbingga ham buyuk bir xotirjamlik ingayki, uning oldida bu dunyoning barcha tashvishlari hechga aylangay! Oʻzing esa, mening goʻzal amalli, sabotli mahbubamga aylanib qolgaysan.

Bu bir taskin emas, jamilam. Rivoyat yo ertak ham emas. Bu haqiqatdir. Oʻzini bilgan, Allohni tanigan, uni hech bir narsaga almashtirmagan, yolg‘iz Allohga tavakkul qilgan moʻminlarning buyuk e’tiqodidir. Laa ilaha illallohu2 — ana shudir! Shunga suyan — shundan panoh topgaysan.

Barcha ishlar niyatga bog‘liq, demishlar Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam. Biz jihodni dilga tugib, oʻsha sarhad oshib borgan kezimizda zohiran niyatga yetmagan esak-da, botinan Alloh rizoligini topgan ekanmizki, buyuk Alloh oʻsha kechaning oʻzidayoq meni ajri mukofoti ila siylagan, sening ruxsoringga yetkazgan edi! Endi imonim komilki, oʻsha safarda bizga sarhad yoʻllarini ochib uni bexatar qilib qoʻygan ham uning Oʻzidir. Toʻramni ishni qayta boshdan boshlab, zafar topmoqqa koʻngillarini choptirmagan ham kim boʻlardi?! Oʻzidir! Faqat meningu sening qaysi fe’limizu amalimiz unga xush kelmishki, bizni shu bahona topishtirdi, bir kecha mehmon etdi bir-birimizga. Shunga ham beadad shukrlar boʻlsin. Topishtirmasa, boshqa koʻrishtirmasa, nima qilar edik?! Va buning hikmatini hov keyin anglab yetarmiz balki.

Sen g‘am yema. Hammasini buyuk Alloh oʻzi chokini chokiga toʻg‘rilab, oʻnglagay. Iymonim komilki, oʻsha uchrashuv beiz ketmagay. Undan yodgor qilib bir tirnoqmi, nima bergayki, alal-oqibat oʻshal farzandimiz tufayli oʻrtadagi rishtalarimiz uzulmay qolgay, qachondir bizni topishtirgay. Boʻlmasa, nega koʻrishtirdi, uchrashtirdi, agar qaytib topishtirmasa?! Mening umidim shundan va yolg‘iz Yodgorimdan. Qay yurtlaru begona ellarda darbadar kezmay, afg‘on chekib hindudek qoraymay bu niyat, bu umiddan tonmasman, sizlarni unutmasman.

Mayli, yig‘la-siqta, tishingni tishingga bos, ammo Tangrimiz azza va jallaga shukrni unutma. U inoyatga kimlar yetdi, kimlar yetmadi?! Axir Mahfuz qaerdasan, bil. Oʻz ota yurtingda, xolalarimiz qavatida oʻtiribsan. Bizdek darbadar kezsang, nima qilarding?! Noshukr boʻlma. Qanchalar u diyorning bir xovuch suviga zor, tuprog‘iga zor. Yaqinlarini tushlarida koʻradi, xolos. Sen ularning qavatida oʻtiribsan-ku.

Bilaman, kuchi koʻz yoshidan boʻlakka yetmagan bir ayolsan, bir kelinchaksan. Lekin meni desang, qaerda boʻlsa, omon boʻlsin desang, yig‘lamagaysan. Uning oʻrniga ham oʻzingga sabr tilagaysan. Oʻyla, Mahfuzam, bu dunyoda shunchaki yashashdan ne foyda? Agar oʻz nafsingga qarshi jihod qila bilmasang?! Bu dunyoning xoyu havaslaridan ustun turolmasang?! Qolaversa, nimaga yashab yuribmiz, agar Allohning roziligini topolmasak?! Shundan boshqa tongla Mahsharda katta tarozuga qoʻyadigan nimamiz bor?! Agar shu rozilikni topsak, bilki, u qirq yil birga yashaganimizdan a’loroqdir!

Qoʻy, koʻzyoshlaringga ham rahming kelsin. Umidim bor. Buyuk Alloh bizni shunday qoldirmagay, bu judoliklar ketidan visol kelsa, ajabmas. Seni, Yodgorimni bir bor koʻrmay ketsam — koʻzim ochiq ketmasmi?

Kut. Saharlarda yolg‘iz Oʻziga iltijo qilki, bizni qayta koʻrishtirsin, topishtirsin.

Xush qol endi, jamilam. Men senga sabru sabot tilarman.

Sultonmuroding

Peshovar».

Chin soqchim, qiyomatli birodarim — Charli-Chamanimga

«Oh, birodarim, bu dunyoga kelib topgan yakka-yolg‘iz sodiq doʻstginam, Chaman! Qadim Eskijuvaligim! Horisim, soqchi farishtam, Zakiy Validiydek suyanganim, ishonganim!

Uzr, ming bor, uzr! Yoʻllarimiz ayro tushganiga. Men sendan beruxsat, bemaslahat bu yoʻlni — hijratni ixtiyor etib qoʻydim. Vatanga sig‘maganlarga Allohim Oʻzi hijrat yoʻlini ochgay ekan. Men bu yoʻlning birinchi yoʻlovchisi ham, oxirgisi ham emasman! Taqdirga shukrona aytmog‘im lozim.

Yoʻq, men qasamni buzmoqchi emasman va buzganimcha ham yoʻq. Senga bergan soʻzim-soʻz, unga hiyonat etganimcha yoʻq! Faqat shunday boʻlib qoldi. Barcha majoroyu mushkulotlar Kamonchi tomonga qochib, jon saqlamoqdan boʻlak yoʻl qoldirmadilar. Hamma yoʻllar berkilib, shu birgina yoʻl — Alloh panohiga qochmoqgina qolgan edi, Chaman.

Men seni og‘ir kunga qoldirdim, uzr. Buning uchun seni tinch qoʻymaslar. Bir qavat etingni shilib ol-salar-da mumkin. Lekin sen epini topasan, deb oʻy-layman. Ne og‘ir hollardan qutulib chiqmagansan, axir. Bir chorasini toparsan. Axir senday chapdast bu dunyoda ikkita boʻlsa, bittasi oʻzingdirsan. Balki sen ham oʻsha Kamonchi panohiga qochib qutilarsan?

Chaman, tushun! Sen uchun hamisha vazifalar oʻz yoʻliga, bir bahona boʻlgan xolos. Seni menga ming ishonchluv soqchi etib tayinlashmasin, ming hisobu hisobotlar talab etib kelishmasin, sen hamisha meni balo-qazolardan asraguvchi soqchi farishta boʻlib kelgansan. Shuni oliy vazifa, niyat, maqsad deb bilgansan. Shu bilan Alloh roziligini topmoqni istagansan. Boʻlmasa, allaqachon meni mahv etib yuborar edilar. Yoxud yer osti muzxonalarigami, qamoqxonalarigami tiqib tashlagan boʻlardilar. Sen esa, meni ularga kim koʻrsatib, qay sarhadlardan oshirib, qay janggohlarga olib chiqib yuribsan! Va biz «topshiriq ila ot mingan» mujohidlar safiga qoʻshilib turibmiz! Sen niyati yolg‘iz Allohgagina ayon boʻlgan ulug‘ oʻyinchisan! Sen Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam urush — oʻziga xos firib berishdir, deb marhamat qilganlaridek, ustomonlik bilan bizni qutqargan, mujohidlar safiga qoʻshgan kishisan. Alloh rozi boʻlsin, yaxshiliklaring uchun! Faqat men sening bu yaxshiliklaringga arzirli yaxshilik qilib ulgurmadim. Qaytaga seni og‘ir ahvolga solib, Tangritog‘dan chiqib ketdim. Izimni yoʻqotib ketdim. Senga jabr qilib ketganimni, Chaman, endi anglab turibman. Lekin endi kech, orqaga qaytishga imkon ham, yoʻl ham yoʻq. Uzr, oshna, Allohning xohlashi balki shunday boʻlgandir. Men barcha-barchasini hozir tarozuga solib, kim haq-nohaqligini aniqlashga ojizman. Faqat Buyuk Kamonchi — Allohning panohiga qochib toʻg‘ri qilganimni bilaman, xolos. Qori akam aytdilar: Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam Hazrati Aliga: «Ey Ali, agar butun olam senga dushman boʻlsa ham hech andisha qilmagil rost soʻzlashdan, omonatni asrashdan, juvonmardlikdan» deb vasiyat qilmishlar. Shu bois men ham senga rost soʻzni aytdim, toki meni qasamga hiyonat etdi, deb oʻylamagaysan va bundan keyingi qadamlaringni bilib bosib, oʻzingni kasu nokaslardan asragaysan.

Oh, Chaman, Chaman, bilasanmi, bizning fojiamiz nimada? Sarhad oshmaganimizda, dunyo koʻrmaganimizda. Kindik qonimiz toʻkilgan joynigina vatan hisoblab yurishimizda. Undan ajrasak, oʻzimizni eng baxtsiz kishi sanashimizda. Vaholanki, Alloh bizga butun yer yuzini namozgoh qilib berib qoʻymish. Va unga bizni vaqtincha nigohbon etib tayinlamish. Ana shu imtihon diyoridaki, biz barcha moʻminlarning dardi bilan yashay bilmas ekanmiz, qandoq ham butun yer yuzini sajdagoh vatan tuta olgaymiz. Mangu vatanimiz jannatga erisholgaymiz?! Busiz Alloh roziligini topib boʻlgaymi?! (Yana biz oʻzimizni mujohid sanab yuribmiz!)

Chaman, xatning shu joyiga kelganda oʻqishdan toʻxtagil-da, volidang Oytoʻra buvi oldilariga chiq. Chiq-da, (darvoqe, biz uchun aziz u kishiga koʻpdan-koʻp duoi salomlarimni yetkazgaysan. Alloh u kishini sizlarinng baxtingiz uchun ham oʻz xifzu himoyasida asrasin. Yana koʻp yillar shu xonadonning duogoʻy onaxoni boʻlib oʻtirsinlar!) karavotlari tepasidagi jildda osig‘liq turmush oʻsha Kalomullohni ochib, biz vatanjudolar haqida kelmish bir oyatni — Niso surasining 100-oyatini topib oʻqib berishlarini iltijo et. Shunda koʻngling joyiga tushib, barcha g‘ilu g‘ashliklarni, alamlarni unutib, hech zamon tuymagan bir xotirjamlikni tuygaysan, oʻrtoq.

Qaytib chiqdingmi, endi eshit. Oʻsha Qur’oni Karimni birinchi boʻlib bizning tilimizga oʻgirmish zot (u kishi ham vatanjudo — bu yoqlarga hijrat qilmish koʻp tabarruk kishi emishlar) — ana oʻsha kishi hijrat oyatini bunday sharhlamishlar: «Kishiki, Xudo rizosi uchun aziz vatanlarin, mahbub xonadonlarin va xesh-aqrobolarin tashlab, alarning hajrlariga sabr qilurlar va aziyat olamiga oʻzlarini olurlar, Janob Parvardigor alarga vatanlaridan yaxshi vatan va birodarlaridan mehribon birodarlar va izzatlaridan ziyoda izzat va rizqlaridan ortiq rizq ato qilur. Va bu — dunyodagi ajrlaridur, oxiratdagi daraja va savoblarini bayon qilib boʻlmas. Agar andin xabardor boʻlinsa erdi, hijrat qilolmag‘on bechoralar ham har nechuk kulfatlar va aziyat koʻrsalar ham albatta, hijrat qilur erdilar».

U kishi bizdan ancha oldin bu tomonlarga hijrat etib, shu darajalarga yetmishlar. Ishon, biz ham Allohga shu tariqa tavakkul qilgan kishilar izidan bu diyorlarga ularni qora tutib kelganmiz. Har qancha aziyatlar boʻlsa, chidamoqqa bel bog‘laganmiz. Xudo xohlasa, u taraflarda ado etolmagan (ado etishga qoʻyishmagan!) vazifamiz — barcha moʻminlarning dardi bilan yashash orzumizga shu yerda yetsak, shoyad! Shoyad, oʻz vatani, yaqinlari, qavmu qarindoshlaridan ajrab aziyat olamiga yuz tutgan vatanjudolar dardiga malham boʻla olsak, ularni bebaqo dunyoning turfa adolatsizliklaridan himoya eta olsak. Jilla qursa, ular suyana oladigan bir «vatanjudolar jamiyati» tuzsak edi. Loaqal oʻz yoʻlini yoʻqotgan, adashgan, mushkul kunga, vaziyatga tushganlarga esh boʻla olsak edi, Alloh roziligini toparmidik?! Taqdirni qaraki, oʻz yurtiga sig‘mamish va quvilmish buyuk bobokalonimiz Bobur Mirzo vatan tutib, saltanat qurmish diyorlarga biz g‘ariblarni-da qadami yetdi. Ul zot bir hovuch ishongan birodarlari ila saltanat qurgan boʻlsalar biz sig‘indi vatanjudolarni himoya eta oladigan, silai rahm koʻrsatadigan jamiyat tuza olmasmizmi? Loaqal oʻzimiz uchun, Alloh roziligi uchun! U jamiyat saltanat da’vosini qilmas, lekin sobiq mujohidlarni-da xoʻrlatib qoʻymas.

Yodingda tut. Oʻsha Oʻrinburgdan choʻl oshib, necha qum-taqirliklarni ortda qoldirib, Makka safariga chiqmish ulug‘ tutqun Xudoyorxon qadami yetgan joylarga yetib kelmishbiz. Va u suv kemasiga tushib, Jiddaga otlangan bandargohdan ish topmishbiz. Ishimiz chinakam qora ish — kemalaru qayuqlarning tagini saqich-qoramoy eritib mumlashdir. Ammo shunday ishni topolmagan darbadarlar ham qancha, Allohga mingdan-ming shukrki, bizni ishlik etti, boshpanalik etti. U yog‘iga ham Xudo oʻzi Halloqdur. Ishqilib niyatimizni oʻzimizga hamroh etsin, hidoyatini darig‘ tutmasin.

Chaman, jon birodarim, Alloh oʻzingga toʻzim bersin, u diyorda men uchun aziz kimlar qolgani yolg‘iz oʻzingga ma’lum. Nima demoqchiligim ham oʻzingga ayon. Ularni senga, seni esa, Xudoga topshirdim. U ojizalarimdan oʻzing xabardor boʻlgaysan. Alloh Oʻzi panohiga olsin. Agar oʻtga tushsang, Oʻzi Namrudning oʻtini sovuq qilib, Ibrohimni asraganidek asrasin, Agar tegirmonga solsalar esa, yana Oʻzi butun chiqarsin. Chunki sen biz mazlumlarga keraksan. Duolarim ijobat boʻlmog‘ini Allohdan soʻrab,

Sultonmurod birodaring. Bombey».

Yana bir umrli asrordoshim Chamanga

«Hov, asrordoshim-sirdoshim, Chaman! Senga yolg‘on, Xudoga chin — Alloh bizni yorlaqadi! Shunday bir darbadarlikda biz mazlumlarni qoʻlladi-ya! Chindan uning Oʻzi «Xuva a’la kulli shayin qodir»dir. «Xuvar Rohmanur Rohiym»dir! Mazlumlarning g‘amini yeguvchi «Va xuval azizul hakiym»dir.

Faqat niyatni toʻg‘rilab, yolg‘iz Oʻziga tavakkul qilsang bas ekan, suyansang bas ekan! Qoʻllaguvchi, yetkazuvchi Oʻzi ekan!

Kim oʻylabdi, dengiz boʻyi bandargohida, kishi nazariga ilmas bir yumushni bajaruvchilar — shu ishdan roʻshnolikka chiqamiz deb?! Kim ham xayoliga keltiribdi, qoraqurumga belanib mum erituvchi va kemalar tagini saqichlovchi bizdek kelgindilar yarim yilga qolmay oʻzimizni oʻnglab olamiz deb! Oʻnglab olibgina qolmay mushkul kunga tushib qolgan vatangadolarni qoʻllaguvchi kishilarga aylanamiz deb!

Avvalboshdan niyatimiz Allohga xush kelganini koʻr!

Kel, yaxshisi, bir boshdan aytay. Bunday voqea — Allohning inoyati deymizmi, sinovi yoxud moʻ’jizasi deymizmi, oʻtgan asrda biz tomonlarda ham sodir boʻlgani qachondir qulog‘imga chalingandek... Hozir kimdan eshitganimni aniq eslay olmayotirman. Ammo Allohning qudratini koʻrki, oʻzimiz oʻshandek holga tushgan edik. Boʻlmasa, hech kim nazarga ilmas bu bandargohda kimlar ishlab ketmagan, bu qirg‘oqni qancha suvlar yuvib oʻtmagan. Oʻshanda ochilmagan xum bir toʻlqin kelishi bilan ochilib turibdi! Har kuni oʻtadigan oyoq tagimizdan chiqib turibdi! Qumdan kavlab olsak, ichi toʻla xazina. Yaxshi ham Qori aka bor ekanlar:
— Esingizni yig‘ing, yigitlar. Hech kimga buyurmagan bu xazina bizga ham buyurmas. Uning oʻz egasi bor, — dedilar hayratimizga suv sepib, — agar egasini topib ishlatmasak, ajri ham buyurmas. Bu yo sinov, yo fitnadir. Hozircha undan nari turmoq lozim. Oʻylang, nega bizdan oldin oʻtgan shuncha kishilarga koʻrinmay turib, bizga koʻrindi? Mana shuning siriga yetmoq kerak...

Yaxshiyam qaytargan ekanlar, xazina egalarini Allohning oʻzi koʻrsatdi. Qori aka Qur’on ochib, hikmat qidirgan edilar, «Allohga qarzi hasana beringlar!» oyati chiqdi.
— Darvoqe, botur, avvalboshda niyat nima edi?! Vatanjudolarga qayishmoq, ularning boshini silamoqmidi?! Alloh ana shunga yarasha yetkazibdi. Bu oʻsha jamiyat uchungina halol! — deb fatvo berdilar.

Uni qara! Moʻminning, mazlumning niyati xush kelsa, Allohdek Zot qum tagida Xudo bilsin, necha zamonlar yotgan xazinani bir toʻlqin yuborib ochib qoʻyadi ekan! «Kun» deptiyu ustini ochib qoʻya qolibdi! Ana shunday qilib degin, Chaman, yetarli jamg‘armasi bor jamiyatga ega boʻlib turibmiz. Kecha qora bir goʻloh edik, hech kim nazariga ilmagan! Bugun vatandan uzoqda oʻzimiznikilarga muruvvat koʻrsata olguvchi dasti uzun kishilarga aylanib qolgan edik. Ana, Allohning niyatga qarab berishiyu haq va’dasi!

Alloh roziligi uchun aziz vatanlariyu mahbub xonadonlarini, xeshu aqrobalarini tashlab chiqqan kishilarga va’dasi esa, vatanlaridan yaxshi bir vatan, birodarlaridan mehribon birodarlar, izzatlaridan a’lo izzat, rizqlaridan ortiq rizq va bu shu dunyodagisi edi! Qaraki, haligi xazina oʻsha va’dalarning debochasi ekan! Qur’onni turkiyga oʻgirib sharh etgan Oltinxon toʻram ta’villari rost chiqdi.

Alhamdulillahillazi, koʻngli oʻksik, qaddi bukik kelgindilar edik, Oʻzi qoʻllab, dasti uzun, bag‘ri keng muruvvatpeshalarga aylantirdi. Ishqilib Oʻzi adashtirmasin, sirotim mustaqim yoʻllaridan toydirmasin, oʻsha ulug‘ niyatimizni oʻzimizga hamroh etsin. Hijrat diyorida mushkul kunga tushib qolgan kishilarni daraklab topuvimizda, qoʻllab oyoqqa turg‘izib qoʻyuvimizda Oʻzi madadkor boʻlsin.

Chaman, oʻylama, biz bu ishni shuhrat uchun yo biron norasmiy hukumat yoxud saltanat ilinjidamas, Alloh roziligi uchun boshladik. Madadimiz beg‘arazdir. Hijrat diyorida yolg‘iz Allohga suyanib yashamoq, umrguzaronlik qilmoq uchundir. Unga tirnoqcha ham riyo aralashishini istamasmiz.

Albatta, hijrat diyorining ham oʻziga yarasha aziyatlari, achchiq-chuchuklari, imtihonlari bor. Ammo unga sabr qilmoq — Alloh roziligini topmoq bilan barobarligi bizga katta saodatdir. Qolaversa, hijratdagilarning birodarligiga asos solmoq xuddi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlaridagi muhojirlar bilan ansorlar birodarligiga oʻxshab-oʻxshab ketmoqda. Qani edi bu ham xuddi oʻshandek Allohga xush kelguvchi amallar sirasiga kirsa...

Bizni tanigan azizlarimizga salomimizni yetkazgaysan. Duoda boʻlsinlar. Vallohi a’lam bissavob.

Bombeyi azimdan Peshovarga qaytgan

Sultonmuroddan deb bilgaysan, doʻstim.

Tushlarimga kirguvchi ul azizam — Mahfuzaga

«Mahfuzam, negadir keyingi paytlarda tushlarimdan arimay qoldinglar. Yana bir vaqtda — kechaning uchdan biri qolgan kezda, Qori aka ayni tungi namozga turib, kulbamizning bir chetida ibodatga tushgan chog‘larida kirasizlar. Nima boʻldi ekan sizlarga? Shu uyqum oʻchganicha — Qori aka namozu duoyu iltijolarini tugatib, bomdodga azon chaqirgunlariga qadar koʻzim ilinmas. Azondan esa, yengil tortib turgayman. Ungacha Qori akani xijolat etmay deb qilt etolmasman.

Bugun ham oʻsha tanish hovlida — Salomxon xolamgilarning hovlilarida koʻrdim. Anhordan suv olib kelib, lipa urgancha hovliga shakarob berib, bir chiroyli suv sepib yuribsizlar. Bir shirintoy bolakay esa oʻsha uyning tanish zinasida oyog‘ini osiltirib oʻynab oʻtiribdi. Sepilgan suv sachrab-sachramay, yelkasini qisib bir chiroyli nari suriladi va qiqir-qirqir kulishda davom etadi. Hazillashgisi kelmagan sizlarni-da, hazillashishga undaydi. Tagida qolgan jindek suvni sepmoqchidek boʻlib bir harakat etgan edingiz, paqir yuqori koʻtarilib ketib, tagidagi suv har ikkalangiz ustingizdan yomg‘ir-yog‘aloq boʻlib sochilib ketdiyu boʻldi tomosha!.. Har ikkingiz ham bundan shod, yayrab-yashnab kulardingiz.

Men esam, oʻsha qari qora tol tagidagi supa chetida iyib turganmishman...

Tavba, bu nimasi? Nimadan imdod bermoqdasizlar? Sizlarni sog‘inganimdanmi yo koʻnglimga xotirjamlik indirish uchun kirmoqdasizlarmi tushlarimga? Suv, albatta, yorug‘lik, sizlar Alloh rahmati ostida yurganingizga bir ishora. Lekin uzoqning ishi qiyin ekan, bilay desam, bilolmasman, koʻray desam— koʻrolmasman. Ishqilib, Oʻzi panohida asrayotgan boʻlsin.

Mahfuza, harna qilsa, ota diyordasiz, shukr qi-linglar. U diyorga yetolmaganlar qancha. Oʻrtamizga tushgan ayriliq ham behikmat emasdir. Men sarhaddan oʻtib, sizlar oʻta olmay qolganingizda, nima boʻlardi? Xudo koʻrsatmasin, qaytib koʻrisha olarmidik-yoʻqmi? Bu holda jilla qursa, bir kecha mehmon etti-ku, Allohim. Bu yog‘ini ham oʻzi oson etar, axir. Shunday qoldirmas!

Azizam, bu ayriliqning hikmati shundaki, u Sizni biznikilarga yetkazmoqchi ekan, yetkazibdi, shu yoʻl bilan Alloh azza va jalla oʻz hifzi-himoyasiga olmoqchi ekan, olibdi deb, tushunmoq kerak. Bu yog‘ini ham Oʻzi chiroyli etsin. Axir ojizlarning himoyachisi U boʻlmay, kim boʻlgan!

Mahfuzam, oʻzing oqilasan. Koʻp narsalarni bir og‘iz soʻzdan anglay olgaysan. Oʻyla, bu dunyoda bizdan ham battar ayrilig‘u judoliklarda qolganlar qancha. Oʻshalardan etsa, bundan og‘irroq, mushkulroq sinovlarini ravo koʻrsa, nima qilardik? Shunisiga ham shukr, bularning hammasini Allohning yozmishi deb, imtihoni deb qabul qilmoq kerak. Nolisak Allohga xush kelmas. Shu ma’noda bizdan bir qancha koʻp koʻylak yirtgan ustozimiz Qori akaning boshlariga tushgan koʻrgiliklar oldida bu xolvadir.

U kishi yaqinlaridan ayrilib, bu tomonlarga ikkinchi hijrat etishlari ekan. Men buni Elchin boturdan eshitib, lol qoldim. Ular diyorlaridan quvilib, Tangritog‘ni qora tortib kelayotib bir tog‘ qishlog‘iga kirishsa, oʻsha yerning oʻziga toʻq, or-nomusli bir kishisini notanish ellarga badarg‘a etishayotgan ekan. Ayollar piq-piq yig‘lashar, bolalar kecha oʻzlari oʻynab-kulgan uylaridan umid uzolmay moʻltirab turishar ekan. Shu kez soqollariga oq oralagan pokiza kiyimli bir qariya ulardan ajrab chiqib:
— Hoy, yaxshilar, koʻkragida yoli bor kishi bormi orangizda, bir dam toʻxtang. Jilla qursa, sizlar rahm eting, — deb kela boshlabdi. — Biz u yot ellarga borarmiz ham, yot qavmlar ichida qolarmiz ham. Chidarmiz Allohning bu sinov koʻrgiliklariga. Lekin manavi boʻy yetgan qizimizga rahmingiz kelsin. U axir birovning xasmi, sizga oʻxshagan bir musulmonning xasmi. Men uni oʻzim bilan ola ketib, ertaga nima qilaman? Kimga berib, kimga uzataman? U qay begona tuproqda tup qoʻyib, palak yozadi? Koʻra bila turib, bir ma’sumani doʻzax oʻtiga otamanmi? Oʻtinaman sizlardan, olib qoling. Bir moʻminning uyini gullatsin. Birovlarga xasm boʻlganidan, iymonidan ayrilganidan koʻra, olib qoling, oʻzidan koʻpaysin, ilohim. Jilla qursa, orqamizdan duo yuborib turguvchi bir zurriyotimiz qolsin bu diyorlarda ham...

Qarashsa, boʻyi yetib-etmagan, oy desa degudek, kun desa kundan ravshan yuzlik bir mohichehra. Qori aka yuraklari jiz etib, otdan tushibdilar va qizni yigitdek kiyintirib, otga mingashtirgancha hijrat yoʻlida davom etibdilar. Tangritog‘ga yetishgach, bir kosa shirin suv ila nikoh oʻqitib, bir muruvvatpesha odamning kulbasida yashay boshlabdilar. Ammo Alloh qizni husnda benazir etgani bilan umrdan qisgan ekan. Farzand koʻraturib, bu olamdan koʻz yumibdi. Qori aka yolg‘iz yodgor chaqaloq bilan qolibdilar. Soʻng yana boʻyinga oʻlimni olib, sarhad oshib oʻtib, zurriyotlarini ishonchluv kishilarga qoldirib qaytibdilar. Shu-shu biz bilan ekanlar. Oʻshandan beri u tirnoqlaridan na xabar bor, na xat. Tirik boʻlsa, falon yoshga yetdi, maktabga qatnayotgandir, deb qoʻyadilar-u, ammo mahzun tortib yig‘laganlarini bilmaymiz. Faqat kechalari joynamoz ustida soatlab oʻtirishlari bor, Allohga tavallo qilishlari bor. Oʻsha yolg‘iz zurriyotlari kamolini soʻrab, duo-iltijodan charchamaslar.

Qori akaning oʻrnida boshqa odam allaqachon tob tashlab, yiqilib qolardi. Lekin u kishi Allohga tavakkul qilib, yolg‘iz tirnoqlarini uning panohiga topshirib qoʻyiptilar. Ana sabotu ana matonat! Ana Allohga tavakkul! Shu bois ham biz yolg‘izmasbiz, Mahfuz. Jilla kursa, mening Yodgorim yonida sen borsan, senga suyanadi u tirnog‘imiz, bizning davomchimiz! Shunga-da shukr qilmoq kerak, yaxshi kunlarga umid tutmoq kerak. Shoyad oʻsha mitti zurriyotimiz bizning oʻrtamizda uzilmas bir rishta boʻlib qolsa. Shoyad u biz xijronzodalarni, diyoridan judo boʻlgan, ayriliq ichra qolib, aziyat olamida tentiraganlarni bir kun kelib topishtirishga sabab boʻlsa.

Inshaalloh, degilki, qolgan barchasini Alloh oʻzi oʻnglagay. Shu bois, senga taloq soʻzini yoʻllashga tilim bormas! Seni barcha mushkulu mushkulotlardan shu bir og‘iz soʻz ila qutultirish, yoʻlingni ochib qoʻyish mendan lozim boʻlsa-da, men u soʻzni hech qachon tilga olmasman. Olgan kunim mening oʻlganimdir, Sulton nomimdan tonganimdir! Dunyoda sizlar bor ekansiz, men roʻshnolik uchun, sizlarga yetishmoq uchun kurashavergayman. Allohdan oʻtinib-oʻtinib soʻrayvergayman. Albatta, Uning Oʻzi istasa, taqdirimizni ham oʻnglagay. Iloho, Oʻzi bu oʻtkinchi dunyoda hech kimni Oʻzidan oʻzgaga muhtoj etmasin.

Koʻzlaringda billuriy yosh koʻrmoqdaman. Iloho, u Allohimga ham xush kelsin.

Sultonmuroding. (Peshovar)».

Jigarbardim, soʻngsiz dardim Olimga

«Ukaginam, Olim!

Men seni endi qaylardan soʻroqlarman, kimlardan daraklatarman?! Oramizda qancha tog‘-dovonlar, qancha toshqin soy-daryolar yotibdi. Necha qavat sarhadlar tushmush oʻrtaga. Esiz, hech kim oʻylamagan ishlar boʻlib ketdi. Alloh rizqimizni shu yoqlarga sochgan ekan, u diyorlarni endi tushda koʻrmoq ham dushvor.

Esiz, nega avvalda parvo qilmadim, tergamadim, surishtirmadim, ketga tashladim? Ayadimmi, adash yoʻllarga kirib qolganingga ishonmadimmi? Bizning zot, bizning palakdan unday odamlar chiqmasligiga ishonib, yakkama-yakka gaplashmoqni ortga tashladimmi, ishqilib biz kutmagan ishlar boʻlib ketdi. Diyordan bosh olib ketmoq lozim boʻlib qoldi. Seni topish, topib Alloh rozi boʻladirgan yoʻllarga boshlash lozim boʻlganida... hammasi kech edi. Qolaversa, izingni topolmadim.

Ayb menda. Men aka edim, bitta boʻlsa ham koʻproq koʻylak yirtgan edim, seni qayirish, qaytarish mendan lozim edi. Shaytanat yoʻliga kirib qolganingga ishonmay, dog‘da qoldim. Dardim ichimda. Endi hech kimga aytolmasman, naryog‘i yoʻq. Sen yoʻqolgan diyorga yetib-etolmasman, topib-topolmasman.

Daragingni bilib berguvchi bir kishi bor edi, undan ham ayro tushdi yoʻlimiz. Faqat umid Allohdan. Oʻzi senga hidoyat bersin. Yuziqaroliklardan Oʻzi asrasin.

Olim, bu xatni senga qay tarzda yetkazishni ham hali bilmasman. Lekin ichimdagilarni senga ochiq-yoriq aytmasam boʻlmas. Axir men yolg‘iz tug‘ishqoningman. Bir qorindan talashib tushganmiz. Men qayg‘urmasam, kim qayg‘urgay? Oʻzim qay diyorlardaman-u, kechagida tushlarimga kirib yuribsan. Yolg‘iz oʻzingmas, yoningda kamar taqib, nagan osgan yana kimlardir ham bor. Padaribuzrukvorimiz oldilariga kelmishsizlar. Bilasanmi, sen salom bersang ham u zot oʻgirilib qaramayotganmishlar.

Axiyri sheriklaring seni yolg‘iz tashlab ketishdi hamki, rahmatli otam — padaribuzrukvorimiz yuzing-ga qaramay tasbeh oʻgirishda davom etaverdilar. Sen qarshilariga tiz bukib, qoʻl qovushtirgan eding, u kishi oʻgirilib oldilar. Sen yana oʻsha tomonga oʻtib eding, u kishi yana bu tomonga yuz burib oldilar, tavba. Keyin sen nima qilaringni bilmay tek turib qoldingu... men ham uyg‘onib ketdim. Tursam, qora terga tushib ketibman. Yuragim ham shunday bejoki...

Nega bu taxlit tushlarimga kirib yuribsan, boshingga ne mushkulu mushkulotlar tushdi, otam nega norozilar — bilolmay garangman.

Otam betingga ham qaramayotganlarini tushunish mumkindir — goʻrlarida ham tinch emaslar. Lekin sen-chi, sen nobakor nega oyoqlari tagiga yotib boʻlsa ham uzr soʻramayapsan, salomimga alik olmayaptilar deb toʻrsayib turibsan?! Hech zamonda oʻg‘il otadan achchiqlanadimi, gina-kuduratlarga boradimi? Uzring-ni aytib, duolarini olmaysanmi, yoʻling ochilib ketmaydimi?!.

Va bexos shu tush menga nimani eslatib yubordi degin. Qori aka uzun sargardon yoʻllarimizda madad boʻlsin deb aytib berganlari bir tarixni — Payg‘ambarimiz (U Zotga Allohning salomi boʻlsin) zamonlaridan og‘izdan-og‘izga, kitobdan-kitobga oʻtib kelayotgan bir voqeani esga solib yubordi.

Eshit, senga oʻxshamish bir kishi bilan ham shunday voqea sodir boʻlgan ekan. Bu tarixni u sahoba oʻz og‘zi bilan hikoya etgan. Toʻqima deb oʻylama. U zamonlarda faqat rost soʻzlaganlar. Yolg‘on aralashtirishni xayollariga-da keltirmaganlar. Negaki Allohdan qoʻrqqanlar. Iymonlari shu darajada ziyoda boʻlgan.

Bu yog‘ini Qori akadan eshitganimcha qog‘ozga tushirdim. Kam-koʻstini Alloh kechirsin. Oʻsha Vahshiy ibn Xarb otli qora qul oʻzining mash’um va mashhur nayzasi tufayli topgan la’natu hidoyati haqda asrlar qa’ridan bizga shunday xabar qoldirgan. U sahobalarning chin tarixlaridan joy olmish. Tingla.

«Men Quraysh zodagonlaridan Jubayr ibn Mut’imning quli edim, — deydi u. — Badr jangida Hamza ibn Abdulmuttalib Jubayrning amakisi Tuaymani oʻldirdi. Shundan keyin hojam qattiq qayg‘u chekdi va qotilni oʻldirib, amakisining qasosini olishga qasam ichdi.

Qoʻshin Uxud jangiga otlanganida hojam meni chaqirdi:
— Ey Abu Dasama, qullikdan ozod boʻlishni istaysanmi? — dedi u.

Men soʻradim:
— Ha, lekin qanday qilib?
— Men seni ozod qilaman, — dedi u.
— Qanday shart bilan? — deb soʻradim.
— Amakim Tuayma ibn Adiy qasosi uchun Muhammadning amakisi Xamza ibn Abdulmuttalibni oʻldirsang — ozodsan.
— Kim bunga kafolat beradi? — dedim.
— Hoxlagan kishing. Istasang hamma odamlarni guvoh qilaman.
— Yaxshi. Men roziman,— dedim.

Men haqiqiy habash edim, habashlarning nayza otish san’atini toza egallagan edim. Otgan nayzam xato ketmasdi.

Shundan soʻng nayzamni olib, qoʻshinga qoʻshildim. Men qoʻshinning dum qismida ayollar bilan yonma-yon borardim. Ular jangchilarni rag‘batlantirib borishar edi.

Uxudga yetgach, Xamzani qidirishga tushdim. U bahodirlar odatiga koʻra, kuchli raqiblarni oʻziga chorlash uchun peshonasiga tuyaqush pati taqib olgandi. Xuddi kulrang tuyadek oʻkirib, qilichini oʻngu soʻlga sermab jang qilardi.

Men Xamzaning yaqinlashishini poylab bir daraxt orqasida yashirinib turardim. Shunda Sibo’ ibn Abduluzza ismli quraysh chavandozi yonimdan oʻtib:
— Hey, Xamza, yakkama-yakka olishasanmi? — deb qichqirdi. Xamza:
— Bu yoqqa kel, mushrikvachcha, bu yoqqa, — dedi.

Ikki pahlavonning olishuvi uzoqqa choʻzilmadi. Xamza bir qilich siltash bilan raqibining kallasini sapchaday uzib tashladi. U gursillab yiqildi. Shunda nihoyatda qulay payt keldi va men nayzamni koʻtarib, xezlanib turdim-da, bor kuchim bilan unga it-qitdim. Nayza Xamzaning qornidan kirib, orqasidan teshib chiqdi. U menga qarab bir-ikki qadam tashladi, soʻng yerga quladi. U oʻlganiga aniq ishonch hosil qilgach borib nayzamni sug‘irib oldim-da, orqamga qaytdim.

Shunday qilib, men hur odamga aylandim. Muhammadning ishi rivoj topib, musulmonlar soni oshgani sayin mening qalbimdagi tashvish ham kuchayib borardi. Axiyri butunlay g‘am-qayg‘uga tushib qoldim.

Muhammad qoʻshin bilan kelib, Makkani fath etganida Toif tarafga qochib ketdim. Oʻsha yerda omonlik topamanmi, deb oʻylab edim. Biroq ular ham Islomga moyillik bildirib, Muhammadga vakillar joʻnatishdi. Shunda tarvuzum qoʻltig‘imdan tushib, dunyo koʻzimga tor koʻrinib ketdi. Oʻzimcha yo Shomga, yo Yamanga ketsammi, deb oʻylay boshladim.

Shunda menga rahmi kelgan odamlardan biri:
— Xudo haqqi, hoy, Vahshiy, Muhammad uning diniga kirib, haq shahodatini aytgan odamlarning birortasini ham oʻldirmaydi, — dedi.

Buni eshitib men Yasribga, Muhammadning huzuriga yoʻl oldim. Surishtirsam, masjidda ekan. Qoʻrqa-pisa oldiga kirdim. Toʻg‘ri tepasiga borib:
— Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluhu, — dedim.

U shahodat kalimasini eshitib, boshini koʻtardi. Menga koʻzi tushib, tanidi. Tanidiyu yuzini oʻgirib oldi. Teskari qaraganicha:
— Sen Vahshiymisan? — dedi.
— Ha, yo Rasulilloh, — dedim.
— Oʻtir, Xamzani qanday oʻldirganingni gapirib ber, — dedilar u kishi.

Men oʻtirib, boʻlgan voqeani oqizmay-tomizmay soʻzlab berdim. Hikoyam oxiriga yetgach, u kishi yana yuzlarini oʻgirib oldilar va:
— Turqing qursin, ey Vahshiy. Bor, koʻzimga koʻrinma. Bugundan keyin seni koʻrmayin, — dedilar.

Oʻsha kundan boshlab men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nigohlaridan qochadigan boʻldim. Sahobalar u kishining oldilariga oʻtirishsa, men orqalaridan joy olardim. Payg‘ambar alayhissalom to Parvardigorlarining huzuriga ketgunlaricha meni koʻrmadilar.

Men Islomga kirish avvalgi gunohlarni kechirib yuborishini bilsam-da, qilib qoʻygan mash’um ishimdan qattiq xijolat chekib yurar, uni yuvib tashlaydigan fursat kelishini koʻzim toʻrt boʻlib kutardim.

Payg‘ambar alayhissalom vafotlaridan keyin Musaylama kazzobning qavmi murtadlik yoʻlini tutdi. Abu Bakr unga qarshi urush qilib, Bani Hanifani Allohning diniga qaytarish uchun qoʻshin tuza boshladi Shunda oʻzimga oʻzim:
— Xudo haqqi, mana, sen uchun qulay fursat keldi, ey Vahshiy. Foydalanib qol, — dedim.

Soʻng lashkar safida jihodga joʻnadim. Oʻzim bilan oʻsha mashhur nayzani — shahidlar sayyidi Xamza ibn Abdulmuttalibni qatl etgan nayzani olvolgan edim. Yo Musaylamani oʻldirishga, yo shahid boʻlishga qasam ichdim.

Musulmonlar Allohning dushmanlarini surib borib, «oʻlim bog‘i»ga tiqib qoʻyishdi. Men kazzobni qidira boshladim va uni qoʻlida qilich tutib turgan holda koʻrdim. Qarasam bir ansoriy xuddi menga oʻxshab, uni oʻldirish uchun payt poylayapti. Men qulay imkoniyatga ega boʻlganimda nayzamni olib, bir-ikki hezlandim-da, soʻng kuch bilan Musaylamaga uloqtirdim. Nayzam aniq nishonga sanchildi. Men nayza otgan paytimda boyagi ansoriy berkingan joyidan sapchib chiqib, Musaylamani chopib tashladi. Qaysi birimiz uni oʻldirdik — Alloh biladi. Agar men oʻldirgan boʻlsam, Muhammaddan keyingi eng yaxshi odamni ham, eng yomon odamni ham oʻzim qatl qilgan boʻlaman...»

Mana shu tarix. Endi bu yog‘ini oʻzing tushunib olaver, Olim. Agar otam tushimga kirmasalar edi, seni koʻrib yuzlarini oʻgirib olavermasalar edi, men bu tarixni senga yozib, yoʻllab oʻtirmasdim ham balki.

Tanangga oʻylab koʻr, kim eding, qaysi koʻchalarda yuribsan? Kimlarning zurriyoti ekaningni nahot unutib qoʻyding? Otamiz — ul zot, xuddi Payg‘ambar alayhissalomdek sendan yuz oʻgiryaptilar. Turqingni koʻrishni istamayaptilar, uka. Bu qanday isnodligini bilasanmi oʻzing? Kimlarning gapiga uchib u koʻchalarda yuribsan? Va axiyri kim boʻlmoqchisan? Hozir-ku, mayli, bu foniy dunyo ham oʻtar, erta birisi kun — tongla Mahsharda qay yuz bilan otamizga koʻrinasan? Qurumu is bosgan qora yuz bilan Parvardigorga roʻbaru boʻlmoqchimisan?

Hali-da kech emas. Bekorga otam xafahol oʻtirganlari yoʻq. Tirik boʻlsalarki, top-da, oyoqlarini oʻp, uzr soʻra, desam.

Ota rozi — Xudo rozi, degan gap bor. Ota roziligini topish iloji yoʻq ekan, nega endi tavba eshigini qoqmasliging kerak?! Nega yolg‘iz Uning Oʻziga tavba-tazzarular bilan hidoyat soʻramasliging, sajdaga bosh urmasliging kerak? Qachongacha g‘oʻddayib oʻtmoqchisan? Egil, ukam. Azbaroyi jonim achiganidagn yozmoqdaman bu gaplarni, Hali bu xat qoʻlingga tegadimi-yoʻqmi, qalbingni larzaga soladimi-yoʻqmi, u shayton koʻchasidan qaytasanmi-yoʻqmi, bilmasman, Olim. Ammo tanangga oʻyla, oʻsha Vahshiylar tavba eshigini qoqib, hidoyat topganida, sen — otamizning pokiza palagidan boʻlgan bir zurriyot nechuk insofga kelolmasang?

Ilohim, men adashayotgan boʻlay.

Ilohim, ichimdagi hadiklar bari yolg‘on boʻlib chiqsin.

Ilohim, oʻylarim behuda, tushlarim shaytoniy boʻlib chiqa qolsin.

Ilohim, sen siroti mustaqim yoʻlini topib olgan boʻlginu men bexabar qolgan boʻlay.

Alloh barchamizin Oʻz panohida asrasin. Omin.

Akang Sultonmuroddan

deb bilgaysan.

Kalkutta».

17. Umidim ertasi, bir boʻlsa, ushalmagan murod-maqsudlarga yetguvchi ukam Maqsudga

«Mehribon va rahmli Alloh nomi ila boshladim.

Biz tirikmiz, Maqsud. Yog‘iy bizni toʻzitib, Muztog‘ga quvib solgan boʻlsa-da, Allohning madadi ila biz omon qoldik. Yog‘iyning oʻzi esa, lak-lak lashkari bilan Tangri yuborgan balo qorining ostida qoldi. Qaraki, nusrat lak-lak qoʻshinga emas, uch birdek mujohidga nasib etdi.

Shundan keyin ham Allohga hamd aytmaylikmi! Oʻzi koʻrsatgan yoʻldan ketmaylikmi?!

Shundan keyin ham yolg‘iz Oʻziga tavakkul qilmaylikmi?! Oʻzining panohiga qochmaylikmi?!

Maqsud, biz tashlab chiqqan ona diyor ohanrabodek oʻziga qanchalar chorlamasin, u yoqda siz aziz tug‘ishganlarimiz koʻzlaringiz toʻrt boʻlib, yoʻllarimizga qancha koʻz tutmanglar, hijratni ixtiyor etdik. Bir yax-shi kunda qaytmoq uchun ham hozircha Alloh panohiga qochdik. Chunki sarhad ortidagi mojarolar ichiga olovga urilgan parvonalardek urilolmasdik biz. Tushunib turib, koʻrib turib, oʻzimizni oʻtga tashlolmasdik biz.

U majoralarga musulmon nigohi bilan ham qaramoq lozim ekan. Alloh ham koʻr-koʻrona qurbonni emas, hijratni xush koʻrgaykan. Hijrat etguvchilarga oʻz diyorlaridan chandon yaxshiroq diyorlar, rizqlar, islomiy hayot ato etgaykan.

Shunday, ukam. Biz benomu nishon ketganimiz ham yoʻq, begona elu elatlar ichra sarson-sargardon qolganimiz ham yoʻq. Biz diyoriga sig‘magan, uning ertasini kutib, Allohga duo-iltijoda yurgan minglarning birimiz. Kecha shunday edi, bugun esa, oʻsha minglarning himoyachisi boʻlish zimmamizga tushib turibdi, Maqsud. Har ish niyatga bog‘liq ekan. Maqsud. Boʻlmasa, kim oʻylabdi, bu yurtlarga kelib, xov oʻsha Kattabog‘dagidek bir ish qilamiz, adolatsizlikka uchraganlarni himoya etib, adolatni oʻrniga qoʻyamiz deb!

Hammadan ham bu yerda lozim ekan bunday jamiyat, vatanjudolarni himoyaga oladigan, muruvvat koʻrsatadigan bir qoʻl. Niyatimiz vatandan uzoqda mushkul kunga tushib qolgan, singan, himoyachisini yoʻqotgan, qul boʻlishga kelgan darbadar g‘ariblarning boshini silaydigan, himoya etadigan jamiyat tuzish edi, shunga muvaffaq boʻldik.

Bu yerda ham oʻzini tutib olgan, hamiyatini yoʻqotmagan boylarimiz, tijoratchilarimiz anchagina. Vatan desa, muhojir desa, moli tugul jonini berib yuboradiganlar bor. Vatan dog‘ida kuyganlar ayniqsa tez topishar, tez birlashar ekanlar. Ularning muhabbatlari tuganmas boʻladi ekan. Jamiyatimiz ana shunday qoʻli ochiq, bag‘ri ochiq, ehsonli kishilar, sidqidil Alloh deganlar, savob qidirganlar hisobiga shuhrat topdi. Gʻariblarning, vatanjudolarning chin himoyachisiga aylandi, Maqsud. Sen hatto tasavvur eta olmaysan, Maqsud, biz atigi ikki-uch yilda topgan jamg‘armamizni, Bir yoqdan sarflab boraveramiz, bir yoqdan ehsonlar oqib kelaveradi. Joyiga tushirib ulgursak, bas. Muruvvat qilib ulgursak, bas.

Qolaversa, bandargohda Alloh yetkazgani juda-juda asqotyapti.

Ehson bilan mol kamaymaganini, qaytaga dunyoga baraka kirib ketganini shu yerda koʻrdim, Maqsud. Bu hammasi halollik tufayli edi, bu mablag‘larni Allohga xush keladigan oʻrinlarga sarflayotganimizdan edi.

Men senga bir voqeani aytay. Namanganning koʻp tabarruk yeri — Kosonsoydan hijrat qilib kelib qolgan bir yigit (koʻrsang oʻzbek demaysan, oʻzi ozg‘in, naynovdan-naynov, buning ustiga yuzi sap-sariq, koʻzlari koʻkish odam) jamiyatimizga yordam soʻrab keldi. Qipchoq boʻlib qipchoq emas, Qoʻqonni Buvaydasi tomonlardagi «ong-keng»lovchi koʻkkoʻzu qotma sariq oʻzbeklarga oʻxshab ketadi. Shu odam keyin bilsam, g‘irt yetim ekan. Oʻsha oʻttizinchi yillarning «qoch-qoch»ida otasiga ergashib Amudaryoni kechib oʻtib qolganlardan ekan. U paytda oq-qorani tanib ulgurmagan bola hech qancha oʻtmay imom otasidan ajrab, yetim qopti. Kimlarning eshigida bitlab-sirkalab xizmatini qilib, boʻy yetibdi. Mehnatkashligi qoʻl kelib, oʻlmay qolibdi. Esini tanibdiki, arava minib, yuk tashirkan. Shuni orqasida ichkuyov boʻpti, bola-chaqa qilibdi. Lekin falokat oyoq ostida emasmi, bir kun kelib, yomon kuniga yarab turgan ot-arava boshiga baloyu musibat keltiribdi. Katta yoʻlda mashinadan xurkib qochgan ot-arava yoʻl chetida borayotgan hindu qizini urib, surib ketibdi.

Ana falokatu mana falokat. Oʻzi istamagan, kutmagan tarzda bir odamning qotiliga aylanib qolibdi. Ot-arava ketgani mayli, oʻzi xun haqini toʻlamasa, qamalish arafasida emish. Bu yoqda yana joʻjabirday oilasi chirqirab qolayotgani-chi! Oʻz vatani-diyorida boʻlsa-ku, qavm-qarindoshi yoniga kirar, mahalla-koʻy oʻrtaga tushardi. Bu begona yurt, begona elda kim oʻrtaga tushadi.

Qori aka bilan musibat tushgan xonadonga koʻngil soʻrab bordik. Qur’on tilovat qilib, lutf koʻrgazdik.

Inson — inson-da. Koʻngli jindek eridi. Oʻziga oʻxshash bir zahmatkashni kechirsa-da, xun haqidan kecholmadi. Qolaversa, shariatda kechsa afzal degani bilan xun haqini soʻraganning aybi yoʻq. Bilmay odam oʻldirib qoʻygan kishining oʻzi kafforotiga oltmish kun roʻza tutishi joiz boʻlsa-da, soʻralgan xun haqini uning qavmi uch yil badalida yig‘ib berishi lozim.

Hijrat tufayli bu yurtga kelib qolgan yigitni biz oʻz qavmimiz hisoblab, xun haqini toʻlab qoʻymoqni zimmamizga oldik va birinchi galda uchdan birini yetkazib berdik. U katta pul edi — yuzta tuyaning haqi. Avvaliga qolganini ham bersak, g‘aznamiz qurib qoladigandek koʻrinib edi, lekin keyin jamiyatga kelib, maslahatlashib koʻrib, xun haqining ikkinchi boʻlagini ham yetkazib berishni lozim topdik. Boshqa din kishilarining koʻz oʻngida shariatimizning sharmiyu sharafini saqlagimiz keldi. Mablag‘ni olib bordik ham. Ana shunda koʻrsang, Maqsud, biz hech kutmagan voqea sodir boʻldi.

Oila boshlig‘i musibatzada ota xun haqini ola turib hoʻngrab yig‘lab yubordi. U umri bino boʻlib buncha boylikni koʻrmagan-da deb oʻylagan edik. Yoʻq, u kulbasiga kirib ketib, qaytib chiqdi-da, bizning etagimizni oʻpa ketdi. Zoʻrg‘a turg‘izib qoʻydik.
— Bu qanday din ekanki, adolati shunchalar toʻkis boʻlsa?! Bir g‘aribga shunchalar muruvvat koʻrsatilsa! U axir ikki dunyoda buncha mablag‘ topolmasdi-ku, sizlar boʻlmasangiz! Sizlarning shu jamiyatingiz, shu diningiz boʻlmasa! Marhamat qilib, menga diningiz kalimasini oʻrgating. Shahodat keltiray. Men u dinga kirmoqchiman. Barcha dinlardan afzal koʻrdim diningizni! — deb turibdi.

Ana shunday, Maqsud! Shariatimiz bag‘rikengligi tufayli kim ozodlikka, kim hidoyatga erishib turibdi!

Shundan keyin ham bu yoʻlga jonlar nisor boʻlmasinmi?!

Shundan keyin ham bu jamiyatning ishini olg‘a bostirmaylikmi?!

Qaerda boʻlsa-da, ajrni Alloh toʻla beravergay- ku!

Maqsud, oʻrni keldi, soʻray. Bizni qarorgohlarga nima boʻlgan, tushlarimdan ketmay qoldi? U tepalar surilib, jarlar toʻlib, Boʻzsuv sakrab oʻtsa boʻlgudek bir anhorga aylanib qolganmish. Ishkomlar esa, qayda qoldi, koʻrinmaydi?

Hadeb koʻzimga boshi xumdek, oʻzi chillashir bir g‘aroyib odam koʻrinadi. Parpi omonmi haliga dovur? Marg‘ubaning akasi qaytgan degan gaplarning bir uchi bizga-da yetib keldi, oʻzi qaerda hozir? Kattabog‘da belida belbog‘i bor yigitlar bormi oʻzi? Biznikilarni xoʻrlatib qoʻyishmas, axir? Qolaversa, Alloh hafiz, Oʻzi asragay! Buni shunchaki soʻradim. Axir sen borsan-ku. Hamma qolib, sen men uchun aziz kishilarni yolg‘izlatib qoʻyarmiding! Sendan umidim katta. Ot bosmagan joylarni toy bosadi, axir. Omon boʻl!

Uzoqdagi duoguy akang Sultonmurod yozdi. Bombey».

Toʻram chorlovlari

«Maqsud, ul Madinai munavvara taraflardan bizga xushxabar yetdi. Kim-kim, oʻshal Oltinxon toʻramdan, hijratdagi sargardon yurtdoshlarimiz soʻrovi bilan Qur’oni azimushshonni turkiy tilimizga oʻgirgan buyuk zotdan mujdayu salomlar yetib keldi.

Ul zot:

Ey muhojir, yotma g‘ofil, sa’y qil, bedor boʻl,

Uz koʻngil dunyodin emdi, tolibi diydor boʻl, debdurlar va kamiga:

Hamjihatlik, binobarin, birlashishlik bizlarga farz,

Jonlantiring birlikni siz, sirlashishlik bizlarga farz,

deb yozibdurlar.

Bu kishining koʻp tabarruk dastxatlarini biz qoʻl-ma-qoʻl, koʻzga toʻtiyo qilib surtib, oʻqib chiqdik.

Qur’oni Karimni suv qilib ichgan kishining nasihatlari ota vasiyatidek aziz va tabarruk edi. Oʻqib toʻymas edik, koʻzdagi nam va yoshlarni artib ado qila olmasdik, Maqsud.

U kishi jamiyatimiz ishini tabriklab, «jahon aro tariqdek sochilmish vatanjudolar boshini birlashtirishning debochasi boʻlibdir bu sa’y-harakatingiz. Alloh ajrini toʻliq qilib bersun, ilohim. Iltijo shulkim, keling, birodarlar, uni quvvatlantirayluk, jamiyat shahobchalarini afg‘onu turkiya tomonlarda-da tuzayluk, toki u g‘ariblar koʻksiga iksiru1 malham boʻlsin» debdilar.

Maqsud, men bu xursandchilikni koʻksimga sig‘dirolmayin u xatti-nasihatning bir chimdimini senga-da ilindim. Oʻzing oʻqi, u nainki nasihat, durri gavhardur. Butun millatga tegishli vasiyatdur.

«Birodarlar, bu besh kunlik dunyo, insof qilayluk, oʻylab koʻrayluk, shoh ham oʻtadi, gado ham oʻtadi. Quvg‘inda yurgan ham oʻtadi, davron surgan ham oʻtadi. Silai rahm zarur, yetimni, musofirni, muhojirning boshini silamak, mushkul kunga qolganning mushkulini oson qilmoqdan ulug‘ savob yoʻqdur. Bu vatanjudolar ichida, musulmonlar orasida zohiran boyimiz ham bor, kambag‘alimiz ham bor. Ammo niyatimiz bitta, iymonimizni saqlash uchun bu diyorlarga hijrat etganmiz. Nega qoʻllamayluk, nega bir jon-bir tan boʻlmayluk?! Rasululloh marhamat qildilarki: «Hargiz musulmonni kambag‘al demanglar. Shu Islom davlati yetib oshib qoladi. Ikki dunyoda shu ne’mat yetadi», dedilar. Haqiqat shundoq. Oʻlgandan keyin qayta tirilish bor-u, keyin oʻlish yoʻq. Jannatga kirsangiz ham mana buncha million yil, mana buncha milliard yil turasiz, xolos, degan gap yoʻq. «Xolidina fiha abado» deb aytadi Alloh taolo Qur’onda. Bu «abado» (abadiy)! Hech buni falon yil degan yeri yoʻq. Xudo saqlasin, jahannamning yillari ham shunday. Ammo janobi Rasululloh Allohga arz qiladilar: «Mening ummatimning bittasi jahannamda qolsa ham jannatga kirmayman» deb!

Bu Islom ne’matiga shukr qilish har bitta moʻmin, moʻminaga farz. Deylik, dasturxonda oʻltirib palovlarni yeymiz, har turli meva-chevalarni yeymiz. Xudoning bergan ne’matlarining hammasiga alohida shukr aytish lozim. Ammo u ne’matni Alloh taolo rahmonlik sifati bilan kofirga ham bergan, moʻminga ham bergan. Rahmonlik sifati dunyoda tamomi mahluqlarga mehribonchilik qilib, rizqini farovon qilishini bildiradi.

Rahmlik sifati-chi, rahmlik ismining barokati-chi, qaysi? Bu Allohning eng katta lutf-ehsoniki, uni qiyomatga qoldirgan. Nega? Bu dunyoda oz yesak ham oʻtib ketamiz, koʻp yesak ham oʻtib ketamiz. Mardikor ishlasak ham oʻtib ketamiz, chorakor ishlasak ham oʻtib ketamiz. Masalan, har kuni bitta qoʻy yesak ham oʻtib ketamiz.

Buning etibori yoʻq. U yerga borganda — qiyomatda najot topadigan yer yoʻq. Ota bolaga qaramaydi, bola otaga. Alloh taolo rahmni ana shu yerda xos moʻminlargagina qiladi. Buni Alloh qiyomatga boqiy qilgan, bizning nasibamiz.

Silai rahm degan gap bor. Ya’ni katta-kichikka, bola-chaqaga, hatto hayvonlarga rahm qilish. Ana shu rahmni Alloh oʻz rahmlik ismidan olib, yuzga taqsim qilgan. Toʻqson toʻqqizini oʻziga olib qolib, bir qismini tamomiy xalqiga va mahluqiga taqsim qilgan. Birodarlar, Alloh taolo qiyomat kuni ana shu rahmni bu mahluqlaridan olib, oʻzinikini yana yuzta qilib qoʻyadi ekan. Bizda bir-birimizga marhamat qilish, shafqat qilish, rahm qilish yoʻq boʻlib qoladi ekan. Ota bolaga, bola otaga boqmas ekan. Bunda qiyomatning shiddatiyu Alloh taoloning qahhorlik sifati bor. Shu holatda bizning Payg‘ambarimizdan boshqa tamomiy payg‘ambarlar «voh nafsi, voh nafsi», deb qolar ekanlar qiyomat shiddatining og‘irligidan. «Voh nafsi», ya’ni oʻz jonimni qutqarsam, bas, degani. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam esa, «Voh ummato, voh ummato» der ekanlar.

Shu rahmatan lil olamin Payg‘ambarimizga ummat qilgan Parvardigorga millionlar, milliardlar shukr. Alhamdulillahi lakal hamd. Alhamdulillahi lakal shukr. Alhamdulillahi a’lo dini islom. Al-hamdullillahi a’lo ne’mati islom. Boshlarini sajdaga qoʻyib, dillariga kelganicha Allohdan soʻrar ekanlar. U kishi dunyodan dod deb oʻtdilar, yana qiyomatda bizlarning najotimizni Xudodan soʻrab, dod der ekanlar. Alloh: «Yo Habib, boshingni koʻtar, nima desang, tilagingni berdim», demaguncha boshlarini sajdadan koʻtarmas ekanlar.

Alloh bizni ana shundoq Payg‘ambarga ummat qilgan. Qani bizda himmat boʻlsaki, shu Payg‘ambarimizga har kuni ming bor salovat aytsak, aqallisi yuz bor salovat aytsak! Esimizga keladimi? Insof qilayluk, birodarlar. Ana shunda duolarimiz ham dargohida qabul boʻlardi, amallarimiz ham Alloh azza va jallaga xush kelardi.

Ana bu jamiyatingiz, vatanjudolar holidan xabar olib, ularning dardiga malham qoʻyayotganingiz— chindan Alloh rozi boʻladirgan ishlardan boʻlibdi. Biz ham qoʻshilduk bu sa’y-koʻshishga.

Yuragida oʻti, Allohga iymoni bor, koʻksida vatan muhabbati soʻnmagan barcha muhojirlarga yetkazgaymiz. Vatanjudolarga silai rahm etayluk, diyorlaridan judo boʻlganlarning koʻngillarini ovlab, boshlarini qovushtirayluk. Toki bir jon-bir tan boʻlib, vatandan yaxshiroq vatan, rizqlaridan kengroq rizqlar bergan Alloh taologa bandachilikni oʻrniga qoʻyayluk. Judo boʻlgan diyorimizda qolgan xeshlarimizu ahli ayollarimizga, farzandlarimizga omonligu erk soʻrayluk. Duolarimizni oʻzi ijobat etsun.

Alloh taolo barchamizga tavfiq, hidoyat ato etsun».

Sizlarni bilmadim, Maqsud, biz bu xatni oʻqib, toʻyib-toʻyib yig‘ladik. Sizlarning ertangizni soʻrab, xayrli duolar qilduk. Ilohim, diydorni qiyomatga qoldirmasin.

Sultonmurod. Bombey».

Hidoyat yoʻli kimga nasib etgay, bilarmisan, Maqsud?! (Tangritog‘dan oʻzga diyorda topilgan maktublarning hozircha soʻnggisi)

«Jondan aziz ul ma’vo — tushlarimdan arimas diyor — Toshkandi azimning Kattabog‘u Yakkabog‘larida xeshu aqrobolarimiz bag‘rida Ulug‘xoʻjaboylar avlodining erka ham umidli navdasi boʻlib, mirzosi boʻlib yurgan ukajonim, Maqsud!

Men — bir darbadar akang, senga yorilmay — kimga yorilay?! Bizni kimlar qochqin deb atar, buvalarining aziz xilxonasi turib, xeshu aqrobolari umrguzaronlik qilayotgan diyor turib, hatto osmon nikohi oʻqilmish jufti halolini qoldirib, qaylarga ketmish der. Orqamizdan g‘iybatlar etishar. Kimlar esa, endi u oyoq yetguncha ketdi, qaytar yoʻllari berk, oʻziga oʻzi qildi. Sig‘masmidi shu Kattabog‘ga— jimgina yursa? Nima izlaydir — dorilomon bir yurtmi, yo saltanat, deb oʻylarlar.

Dorilomon yurt qaydayu saltanat qayda?! Biz bor-yoʻg‘i iymonni asramoq g‘amida hijratni ixtiyor etganmiz. Dunyo mojarolaridan qoʻl siltab, Kamonchining panohiga qochganmiz. Buni ular qaydan ham tushunsin, Maqsud! Tushunsang bir sen, bir Chaman tushunishlaring, yana Nusrat pochchayu Toʻramgina anglamoqlari mumkin. Qolganlar bilmoqlari dushvor.

Maqsud, mening ortimdan g‘iybatu malomat toshlarini otayotganlarga parvo qilma. Jondan aziz xolajonlarimu tog‘ajonlarimga ham, kennoyingga ham aytib qoʻy. Men u diyordan etak silkib chiqib ketgan kishi emasman. Men zabun bir kimsadek yashashni istamadim, xolos. Shu bois u diyorlarga sig‘madim. Yoʻq-yoʻq, oʻzim sig‘sam ham dardlarim, armonlarim sig‘madi. Dorilomon kunlarni yaqinlashtirishga yolg‘izlik qildik biz. Qolaversa, Alloh rizqu nasibamizni bu yoqlarga sochgan ekan — shu yoqlarga yoʻlladi, keldik. Panohiga olganidan sizlar quvonmog‘ingiz, men esa, toabad shukronalar aytmog‘im lozim. Oʻzi chaqirganki, taqdir etganki, bu yerlarda sog‘-omon yuribmiz. Oʻziga hazor-ming hamdu sanolar boʻlsinki, bu musofir diyorda ham qoʻlimizni baland, soʻzimizni ustun qilib qoʻyibdi. Jamiyat ishini olg‘a bostirib, biz vatanjudolarni azizu mukarram etib qoʻyibdi. Alloh roziligi yoʻlida hijrat etganlarga vatanlaridan yaxshiroq bir vatan, rizqlaridan kengroq bir rizq beraman, degan va’dasining ustidan chiqib turibdi!

Undan tashqari, Maqsud, sen yaxshi xabarlarni eshit. Oltinxon toʻram haj mavsumiga yaqin bizni u munavvar va mukarram zamin — Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam1 oʻtgan diyorga chorlamoqdalar. Turk diyorida jamiyatingizni shoʻ’basini ochib, bir yoʻla haj qilib ketasiz, debdilar. Allohga shukrlarki, uning roziligini topish yoʻlidagi jindek sa’y-harakatimiz shunday taqdirlanyapti.

Sen bilsang edi, tasavvur etsang edi, men bu maktubni bitib, bu xushxabarni senga ilinmoqdamanu koʻzim jiqqa yoshga toʻlib, xat qatorini-da koʻrmay qolmoqdaman. Agar unga biron tomchi yosh tegib, xatlarim chaplashgan esa, ma’zur tutgaysan.

Lekin qalbimda oftob charaqlab yotipti! Nurafshon boʻlib yotipti! Hech yerga sig‘magudek! Bizni muborakbod et, Maqsud, hidoyat yoʻliga chiqayotganimiz, muborak haj safari arafasida turganimiz bilan. Bunga kimlar yetdiyu, kimlar yetmadi. Kelib-kelib biz vatanjudolarga nasib etibdi u. Biz yig‘lamay, kim yig‘lasin, Maqsud!

Shu onda qaraki, nimalar xayoldan ketmayapti!

Bu ham boʻlsa, «Ey odam bolasi, sen men tomon bir qadam tashlagil, men yugurib boray2», degan Allohning marhamatidir, karamidir. Hammani ham u Oʻz uyi — Ka’batullohiga chorlasin-chi!

Shu topda Maqsud, jannatdek bir goʻzal vodiyda uch qatla taxtga oʻtirib ham, necha oʻn yillar davri-davron surib ham chin saodatni topolmagan bir inson — mardumi Farg‘ona taqdiri xayolimga kelsa degin! Uni soʻkib qancha kitoblar bitilmadi. Ayshu ishratdan boʻlak nimani ham bildi, nimani koʻrdi, qaydan ham xalq dodiga yetsin edi, deb yozmagan kim qoldi?

Ammo Alloh kelib-kelib shu insonga hidoyat bersa! Oʻrinburgdek Xudo qarg‘agan bir yerda uy qamog‘iga mahkum etilgan sobiq xon toat-ibodatlari kam koʻrinib, tunlari taxajjud oʻqishga boshlasayu nogoh bir kecha ulug‘ niyatni dilga tugib, tong ottirsa! Va choʻlga ovga chiqqan kishi qavlida Ustyurtdek ulug‘ bir taqirni otda kesib oʻtib, Qizilqumu Qoraqumdek choʻllarni orqada qoldirib, afg‘on diyoriga, undan esa Peshovarga yetib kelsa, Amudan oʻtarda qaroqchilarga uchrab, bor bud-shudidan ajrasayu niyatidan kechmasa! Allohga tavakkul qilib yoʻlida davom etaversa... Unday kishini kim deb atamoq kerak?! Botur debmi, mujohid debmi? Yoxud hidoyat topgan oddiy bir inson — moʻmin debmi?

Harqalay, bu dunyo hoyu havaslaridan etak silkiy olgan, yolg‘iz toʻg‘ri yoʻl — Allohga qullik qilmoq, undan boshqa barchasi oʻtkinchi, sarob, oxiri voy ekanini anglab yetgan kishigina shunday jasoratga bel bog‘lay olmog‘i mumkin. Shohona uy qamog‘idan koʻra jondan kechib, loshi choʻllarda qolib ketmog‘idan-da qoʻrqmay, Ka’ba yoʻliga chiqmog‘i mumkin.

Taqdirni qaraki, Maqsud, biz ham endi oʻsha kishi oʻtgan yoʻllar bilan haj safariga otlanmoqda edik. Tangritog‘dan chiqib, afg‘on diyori bilan Peshovarga kelib, undan Bombeyga yetgan edik. Endi shunaqasi dengiz bilan kemada ketib, Jiddaga yetmoqchimiz.

Qaraki, taxtiyu baxti tortib olingan, ahli ayoliyu xesh-aqrobolaridan, diyoridan ayirib, uy qamog‘iga tiqilgan xonning iymonini tortib ololmagan ekanlar. Xoʻrliklarga sabr, bilib-bilmay qilgan gunohlarga tavbayu istig‘forlar, tinimsiz zikru shukr, qaraki, hidoyat eshigini ochmish. Tavba eshigidan hidoyat yoʻliga chiqiladi, degani shudir balki?!

Men Xudoyorxonning ana shu soʻnggi jasoratiga hamisha besh ketar edim. Qaraki, yuz yildan soʻng u oʻtgan yoʻllar bilan haj azimatiga otlanmoqdaman. Allohdan yolg‘iz tilagim, oʻsha vatanjudo insonlardek Alloh roziligini topolsam edi!

Faqat yolg‘iz oʻtinchim, diyorimni, yoʻllarimga koʻzi toʻrt boʻlib kutganlarim — sizlarni bir koʻrsam... bir koʻrsatsa, armonim qolmasdi.

Usiz koʻzim ochiq ketmasa deb qoʻrqaman, Maqsud!

Ayt, xolalarimga, kennoyingga duolaridan qoʻymasinlar. Shoyad, Alloh oʻzi qoʻllasa, qaytar yoʻllarimizni ochib bersa!. Yodgorimni oʻpib qoʻy. Otang tirik, Xudo xohlasa, Alloh yuz koʻrishtirgay degin.

Sog‘ingan Sultonmurodingiz.

Bombey».

Avvalgi
I- qism