OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMurod Mansur
Asar nomiJudolik diyori (3-kitob 2-qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Murod Mansur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Oʻzbekistan adabiyoti va san’ati» gazetasi (2005 y. 5 avgust soni.)
Hajm206KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/29
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Judolik diyori (3-kitob 2-qism)
Murod Mansur

Ikkinchi Boʻlim - Elchiga Oʻlim Yoʻq, Mujohidga Taraf

Uzoqib ketgan elchi

Ertalabdan koʻzim uchar, barmoqlarimni oʻpib, qaboqlarimga surtib ham toʻxtata olmasdim.

Mana, nimaga ekan!

Ishxonamga kirib oʻtirganimdan telefon jiringlay ketdi. Olmay boʻladimi, oldim:
— Labbay?

Simning narigi yog‘idan birov shirin oʻzbakiy takallumda soʻrashar edi:
— Alyo, assalomu alaykum va rohmatullohi va barokotuh.1

Lahjasidan bu tarafning odamiga oʻxshamasdi:

Men boyaqish daf’atan qanday alik olarimni bilmay qisindim.
— Va alaykum...

Simdagi kishi jindek uzr, jindek istihola aralash soʻradi:
— Meni ma’zur tutgaysiz, mirzaxonami bu?

Savoli salomidan-da xush takallum edi, chindan bu tarafning odami emas shekilli.
— Yoʻq, gazetxona bu, — dedim men ham halim tortib.
— Darvoqe, gazet yozib, chop etarlar, adashmasam.

Qarangki, talaffuzi ham turk afandilarinikiga oʻxshab ketmoqda edi.
— Adashmadingiz, gazet chiqaramiz... — dedim.

Rostini aytsam, uning muomalasi menga yoqib tushmoqda edi. Ovozi ham allaqanday tanish...
— Allohimga shukr, adashtirmaganiga shukr, — dedi. Soʻng yana boyagidek, jindek uzr, jindek istihola aralash, (istiholasi oʻziga yarashib tushmoqda edi!) iltimos eta ketdi. — Ma’zur tutgaysiz, birodar, xizmat boʻlmasa, biza koʻp qadrluv tanishimiz Maqsudxoʻja janoblarini chorlatib versangiz.

Ana xolos, kim ekan, deb oʻtiribman! Ilgari ham yoʻqlab kelgan elchimiz emasmi? Har ehtimolga qarshi qaytarib soʻradim:
— Shoshmang, kim dedingiz?..
— Kim emas, koʻp aziz tanishimiz, Maqsud mirzo Mahmudxoʻja oʻg‘illari. Bormu, shunday choʻh goʻzal inson? Tanigaysizmu?
— Taniganda qandoq! — dedim bir yerga yetib. U meni hali tanib ulgurmagan boʻlsa-da, men uni soʻzlari, ovozi, bir goʻzal oʻzbekona takallumidan tanib turar edim. Qiyofasi ham koʻz oldimga kela boshlagan, adashmasam, oʻsha — hov birda kelgan xorijlik mehmonimizga oʻxshab-oʻxshab ketmoqda edi. — Qidirgan odamizni topdim deyavering, taqsir. Kamina oʻzimman, — dedim uning hurmati uchun ham oʻrnimdan tura boshlab. (Mehmon otangdan ulug‘. Koʻrmasa ham izzati-da, turib gaplashganga nima yetsin!..)
— Ana xolos, oʻzlari edilarmi? Uyatluv ish boʻpti-ku?! — dedi u hijolatlarga botib.
— Hijolati nimasi, taqsir, Allohim uchrashtirganini ayting, — dedim mulozamatga tushib.
— Boy boʻlasiz ekan, Maqsudxoʻja janoblari, tanumabman, — deb yaxshilikka yoʻydi mehmon ham.
— Ammo men ovozizdanoq tanib turib edim, tusmollab turib edim. Boʻladi-ku shunaqa tuyg‘u — bir og‘iz soʻzdanoq tanib olish... — dedim chiniga koʻchib.

Mehmon taqdirning yozug‘idan shodlandi:
— Allohimga shukr, bir qoʻng‘iroqdayoq roʻbaroʻ et-sa-ya! Xizrni yoʻqlamayman-mi! Valloh-valloh, oʻzimmen, deng-a?!.
— Oʻzimman oʻzimman, — deb qoʻshilishib tasdiqladim.

Mehmon bunga sari boshi osmonga yetib, qaytarar edi:
— Muhandislikdan yozarlikni avlo koʻrgan oʻsha bitikchi tanishimiz-da? Salompamning yolg‘izlari, Bahriddin birodarimizning xolavachchasi?! Uni qarang-a...
— Oʻsha oʻzlari bilgan gap oʻg‘risi, tili goh shirin, goh achchiq mirzo, — deb hazillashdim.
— Qoʻying, achchiqdan Xudovandi Karimning oʻzi asrasin. Diydor kunida Allohga xush keladurgon soʻzlardan soʻzlashayluk, — dedi mehmon.
— Unda xush kelibsiz, mehmon janoblari. Koʻrishaylik, — dedim yanada yaqin olib.
— Allohimning oʻzi koʻrishtirsun. Kamina ertalabdan bezovta etub, qoʻllarini tutmadimmi? Yumushlaridan qoʻymadimmi? — deb mulozimatlandi u.
— Hech-da, hech-da. Sizdek mozor bosib kelgan mehmonimizga vaqtlar tasadduq boʻlsin, — dedim iyib ketganimni yashirib oʻtirmay. — Siz axir, adashmasam, hov birda tashrif buyurgan birodarimiz — elchi janoblari boʻlasiz. Azizdan aziz Marg‘u kennoyimizdan, Bahriddin akamizdan salomlar yetkazgan, topdimmi?
— Ax, uni qarang-a! Tanidingiz-a, Maqsudxoʻja janoblari. Farosatiza balli, xotiralari butun ekan, mirzo janoblari, — deb toʻlib-toshib alqashga tusha ketdi u.

«Xotiradan ham burun kalla butun, mag‘izlari toʻq. Axir bekorga sigir boqib katta boʻlibmizmi! Qancha qaymoqning tusini oʻchirib yuborganmiz! Oʻsha qaymoqlar boʻlmasa, bizdan mirzo chiqarmidi, bitikchi chiqarmidi!» deb tegishgim keldi-yu tushunadimi-yoʻqmi, deb tilimni tiydim.

Oʻrniga «qaerda toʻxtadingiz, qanday koʻrishamiz»ga tushmoqchi edim, mehmon soʻzni ilib ketdi.
— Oʻzlariga alangali salomlar boʻlsin!
— Oʻzlarigayam, oʻzlarigayam... Qiynalmayin, urinmayin yetib keldingizmi? Xabar berib ham qoʻymabsiz, kutib olardik, — deb iltifot eta ketdim. Keyingina ichim qurib, intiqib, bu salomlar kimdanligini soʻrashga jur’at etdim. — Yana oʻsha diyorlardan soʻraymizmi? Oʻshal azizlarimiz oldidan kelishingizmi? Qalay yurishibdi, tani-jonlari sog‘, aziz boshlari omonmi? — deb qulfi-dilim ochilib surishtira ketdim.
— Esonchilik-esonchilik. Aziz xolavachchangiz-da, Bonu kennoyingiz-da, koʻpdan-koʻp duoi salomlar yoʻl-lab qolmishlar. Hamma tanugan, bilgan, soʻraganlarga Allohumdan kushoyishlar tilamishlar.
— Eslaganlariga rahmat, shu dunyoning bir chekkasida biz ham borligimizni unutmaganlariga rahmat,— deb turib, mehmonning oʻzidan ham koʻngil soʻray ketdim. — Darvoqe, oʻzlari buncha uzoqib ketdilar? Elchilikni boʻyinga olgan kishi ham odamni shunchalar sog‘intiradimi? Biz-ku misoli tushovlab qoʻyib yuborilgan otlardan farqimiz yoʻq. Oʻz dalamizdan nari ketolmaymiz. Sarhad oshib uchib yurgan Siz erkin qushlarga nima boʻldi, daragingiz yoʻq?!.

Mehmon bu soʻzlardan iyib, koʻksi oʻsib kuldi.
— Erkin-erkin qushlar deng-a?! Oh, Siz mirzo janoblari, oh, siz soʻz zargarlari, gapni ham hoʻb topasizlar-da! Qani edi, oʻshandoq boʻlsa! Istagan tarafingga ucholsang, uchib yetolsang.
— Harqalay, bizdan koʻra istagan uchog‘ingizga mina olasiz-ku.
— Bu fikringizda-da, jon vor. Jilla qursa bizda tushovlar yoʻq, rasmiyatchilik yoʻq. Lekin bu taraflara yoʻl topmoq mushkul. Har kima viza beravermaslar. Ammo Alloh oʻzi bilguvchi, qachon bu sarhadlarni ochvorarin Oʻzi bilgay. Ul zot «Kun» desayoq bas: barcha mushkulotlar barham topgay. Axir erta-yu kech Xudodan soʻrab yotganlar qancha! Darbadarlar, vatanjudolar qancha! Ularning nolasi Allohga yetmasmi? Yetadi, axir, Maqsudxoʻja janoblari.
— Ilohim yetsin. Oʻshalarning zori yetmasa, kimniki yetadi? — dedim toʻliqa boshlab.
— Avvalo, oʻshalardan salom, bu kunni intizor intizor kutganlardan salom. Bahriddin akangizning iltijosi, omonati bu, — dedi mehmon gap oʻzanini shu yoqqa burib.
— Salom yetkazgan oʻzlariga sallamno! — dedim elchi janoblarini alqab.— Biz ham oʻsha kunlarni ku-tib yotibmiz-da, intiqdan-intiq, koʻzlarimiz teshilib. Har kuni u koʻzlar necha qayta yoshlanadi ekan, — dedim avvalo kennoyijonimni nazarda tutib. Ammo buni bu odamga aytib boʻladimi?! Elchi Bahriddin akamizni tanigani bilan Sulton akamni bilarmidi, bu tarixlarni tushuntirib boʻlarmidi?!
— Umid doram, deydilar. Shunaqa, bandasining ishi kutmoq, iltijo etmoq, yozmishiga koʻnmoq. Har ikki dunyo «iyyaka na’budu va iyyaka nasta’yin1» ustiga qurilmish, Maqsudxoʻja janoblari, undan beriga kushoyish yoʻq, — dedi mehmon tasalli berib.
— Bizning ham yolg‘iz zorimiz shu, — dedim men ham eshilib. — Shoyad, sizning bu tashrifingniz oʻsha kushoyishlarning boshlanishi boʻlsa. — Soʻng: — Uni-buni qoʻying qachon koʻrishamiz, qanday koʻrishamiz? Qaerda toʻxtagansiz, mehmon janoblari? — deb qistamoqqa tushdim.
— Shunday roʻparangizdagi musofirxonada toʻxtamishbiz. Siza yaqin deb shu yera qoʻndik, — dedi u.
— Uni qarang-a, qoʻl uzatsa yetgudek joyda ekansiz-ku!..
— Boʻlmasa, hov birdagidek teatru maydoniga tushib bora berayluk. Topishub olarmiz?
— Topishganda-chi! Hoziroq uchib borgayman-ku, — dedim entikib.
— Alloh koʻrishtirsun, — dedi mehmonim...

Koʻrishtirsin, soʻrashtirsin, azizlarimizdan salom keltirgan kishining diydoriga oʻzi yetkazsin... Zinalardan uchib tushib boryapmanu hov birda mujda keltirgan xorijlik mehmonimizning savlatli gavdasi, yirik-yirik qosh-koʻzlari, keng peshona, loʻppi yuzlari koʻz oldimdan ketmas edi. Faqat moʻylabiga oq oralaganmidi, yoʻqmi, eslay olmayotirman. Ammo chiqsamoq bir koʻrishda tanib olsam kerak...

Shovullab yotgan favvora oldiga yetib ulgurmadim. Uning shovullashidan ham burun oʻzini oʻpib, epkin-toʻzonlarini uchirib esayotgan shamoli... kishini seskantirib-junjiktirgudek edi. Hali bahor-da, daraxtlar endi kurtak yozdi, yoz kelsin, kimga ham yoqmas ekan u! Ammo favvora yoqilgan kunda tashrif buyurgan mehmon bu gal qanday xushxabarlar bilan kelibdi ekan?!

Xayolim oʻsha yoqdayu koʻzim olma-kesak terar edi. Yoʻq, mehmoni tushmagur, qay tarafdan kelar ekan, bir mahal:
— Esonmisiz, Maqsudxoʻja janoblari, — deya yelkamga qoqsa, choʻchib tushibman.

Oʻgirilib turk afandilariga oʻxshab tusanib olgan oʻsha basavlat tujjorni koʻrdim. U ham xorij nusxi urgan issiq chehrasiyu mehr toʻla koʻzlaridan bir tanish nurlar yog‘ilib, shirindan-shirin jilmayishga tushgan edi. Beixtiyor:
— Subhanalloh, oʻzlari-ku! — deb yuboribman.

U ham quchoq ochdi-yu:
— Siz kim deb oʻylab edingiz?! Tog‘ tog‘ birla koʻrishmas, odam odam birla uchrashgay, deganlari shu-da. Qani, oʻshal uzoq yurtga rizqi sochilgan qarindoshlaringiz uchun-da omonlashib qoʻyaylik, — deya bag‘riga tortdi. — Ularning issiq salomlarin, sog‘inchlarin shu koʻksimiza joylab kelmishbiz. Alloh shu damlara yetkurganiga shukr. Subhanallohi va bihamdihi, subhanallohil aziym1.
— Voh, Sodiqxon afandim, oʻsha-oʻshasiz, qilcha oʻzgarmabsiz! — Men jinqarcha boʻlmasam-da, basavlat mehmonning quchog‘ida yoʻq boʻlib ketgan edim, biz uchun aziz kishilar oldidan kelgan elchini quchib qoʻymasdim.
— Alhamdulillah, alhamdulillah, yana yetkazdu. Yana diydor nasib etdu. Alloh koʻrishtiraman desa, yoʻllarni-da ochib yuborgay ekan, toʻsiqlarni-da, oʻzi koʻtarib tashlagay ekan. Mana, yana kelduk, Mahmud-xoʻja oʻg‘illari, — deya boshiga koʻtargudek boʻlar edi u.
— Qadamlariga xasanot. Yoʻllarizni ochgan, mushkullarimizni oson etgan Zotga tasannolar boʻlsin, shukrlar boʻlsin! — dedim oʻzimni unutib, uning xorij boʻylariyu iforlari gurkiragan bag‘riga singib borar ekanman. Shu chog‘ koʻklam yellarining rashki kelgandek epkin turib, favvora zarralarini boshimiz uzra sochqi eta ketdiyu «hay-hay»lab nari jilmoqqa, favvora «yomg‘iri»dan qochmoqqa tushdik. Narilar edig-u, bir-birimizning bag‘rimizdan chiqmoqni oʻylamas edik.

Sayrga chiqqan kishilar ham bizdan koʻzlarini uzmay, havas-la boqar edilar.
— Oʻzlaridan soʻrasak, el-ovullar tinch, qovmu qarindoshlar omonmi? Toshkandlarga joylashib ketdingizmi? Marg‘ubonu kelinimiznikidagilar qalay oʻtirishibdir? Bahriddin birodarimizning xolayu tog‘ajonlari bularning daragin eshitib, qay kuylarga tushishdi?
— Duoi jonlarini qilib oʻltirishibdi, — dedim uzoqdan kelib, — yetimlarni asrab, daragini chiqargan Xudoy oʻzi koʻrishtirmasmi? Osmon nikohini tiklagan Zot diydorni ham qiyomatga qoldirmas, deb oʻltirishibdi.

—Bu ham boʻlsa, Allohning inoyati. Faqat biz bandasi shoshqaloqmiz, kalta oʻylaguvchimiz: Allohga tavakkul qila bilmasmiz. Tavakkul qilganni Alloh niyatga yetkazmay qoʻymagan. Oʻzimizdan qiyos, Bahriddin ila bir borsak edi, keraklu kishilarni topsak edi, deb niyat qilub edik, yoʻllarimiz ochilub mana, koʻrishib turibmiz. Inshaalloh, qolgan orzularimizni-da oʻzi ushaltirgay.
— Shoshmang-shoshmang, Bahriddin akamizni-da ola kelganmisiz? Yolg‘iz emasmisiz?! — deb yubordim uning tirsaklaridan tutgancha.

Mehmon bosh chayqadi:
— Unisi orzu. Hali safarimiz osonlikcha koʻchmas, deb, Bahriddin birodarimizni yoʻldan qaytarduk. Bilasiz, oʻrtada qancha chig‘iriqlar bor. Oʻzimizga-oʻzimiz mushkul sotib olmayluk, deduk. — Mehmon boyagidek issiq jilmaydi. — Elluk yilda el oʻzgarur derlar, zora munosabatlar yumshab, bordi-keldilar, haj yoʻllari ochilib ketsa, Allohimning biz vatanjudolarga atagani ham vordir, Maqsudxoʻja janoblari?
— Shuni ayting, shuni ayting, bizdan koʻra sizlarga ayonroq, — dedim ichim yorishgandan-yorishib: axir dunyo koʻrgan shular bilmasa, kim biladi, ozodlik yellari qay tarafdan esayotganini? Temir parda ichiga oʻralib yotgan biz bechoralar «sovet sharofati»dan boʻlak nimani ham bilamiz?

Tik turgancha soʻrashib, mulozamat qilayotganimiz birdan esimga tushib, mehmonni qistay boshladim:
— Yuring, afandim, ishxonaga kiraylik, bir piyola choy qilay, qandin-qayoqdan mozor bosib kelgansiz, axir. Keyin hovliga oʻtamiz.
— Choy qochmaydir, Maqsudxoʻja janoblari. Lekin ishxonagamas, ishxonani pirxona, derlar. Qolaversa,— u negadir iymanib yamlandi, — idorangiza kirmaganimiz ma’qul, keyin qulog‘ingizni tinchitmaslar...

«Unda qayoqqa oʻtdik?» deb turib, aqlim yaraqlab yorisha keta qoldi:
— Shoshmang, qoʻl choʻzsa yetgudek joyda bir og‘aynimiz takya ochgan. Bir soatgina oʻtiraylik. Suhbatizni olay? — dedim qistab.
— Uzoq emasmi? — dedi mehmonim.
— Shunday piyoda oʻtamiz. Besh minutlik yoʻl.
— Unday boʻlsa, boshlasunlar, Maqsudxoʻja janoblari. Oʻtganimiz boʻlsun, oʻtirganimiz boʻlsun, — dedi u ham.

Aqlimdan aylanay. Hikmatxoʻja oshnamni zab eslab qoldimmi?! Oʻzi «bir kelmaysizam, hammaga hammaga topilgan bir piyola choyimiz, sizga ham tatti keb qolar» deb qachondan beri gina qilar edi. Biz esa, borsak ham «paqir kishi panada» degandek koʻrinmay qochib qolardik. Ammo-lekin ovqatlari xoʻb mazali. Osh deysizmi, loʻla kabob deysizmi, yaqindan ilik shoʻrvasi ham chiqibdi. Salatlar-ku anvoyi. Ayniqsa, ayvondan joy topsangizmi, yayrab oʻtirasiz. Mehmonni oʻsha yerga olib borganga nima yetsin.

Lekin bu gal Hikmat eshonga imo qilib qoʻyishga toʻg‘ri keladi. Hazilmi, mehmonimiz naq Payg‘ambarimiz (U zotga Allohning salomi boʻlsin) yurtlaridan kelgan.

Eshonning oʻzi hovuz boʻyida suv ochtirayotgan ekan, koʻrib boshi osmonga yetib ketdi. Birpasda bahavo ayvondan joylar qildirib, mulozamatlar ila risoladagidek kuta boshladi. Men doʻstimni tanishtirgan boʻldim:
— Bu kishi ham oʻzimizning Kattabog‘dan. Tepamasjiddan oʻtganda, tegirmonkoʻcha boshida turishardi. Hozir u yerlarga koʻcha tushib ketdimikan, vallohi a’lam. — Keyin kulib qoʻshib qoʻydim. — Siz Bahriddin akamdan Xidoy xolalari haqda eshitgan chiqarsiz. Ana oʻsha xolamizning bir oʻg‘illari sabzi toʻg‘rashda — jahon chempioni. Yaqinda Ginnesga yozib ketishibdi. Mana shu «Moviy gumbaz»da har kuni necha kilo osh damlashsa, oʻshanga lozim sabzini bir oʻzlari toʻg‘rab tashlaydilar.
— Voh, choʻx goʻzal! Alomat hunar ekan. Arziydi, arziydi. Ginnesga shunday alomat ishlar yoziladi-da,— deb mehmon besh ketdi. Keyin toʻlqinlanib soʻradi. — Oʻsha kishini bir koʻrsatgaysiz. Balki Bahriddin birodarimizni tanirlar?
— Shuni ayting, — dedim-u, lekin koʻrsatishga... iymandim.

Oʻzi yarimta, ustiga ustak chistonchi Rahim akamiz jindek otib olgan boʻlsalar-chi, uyaltirib qoʻymasmikanlar? Keyin anuv xobbilari-chi? Ishdan keyin maydonga chiqib olib, xorijlik mehmonlardan osori-atiqa sifatida chaqa-chuqa yig‘ib oʻtirishlari-chi?! U kishidek oyoqlari kalta, oʻzlari yarimta odamni koʻrgan kim ham choʻntak kovlamay oʻtib keta olarkan! Shunaqqib, yarim dinor, bir dollardan boʻlsa ham bir olamning puli yig‘ilib qoladi... Bir qozon oshning sabzisini yolg‘iz oʻzlari toʻg‘rab tashlagan Rahim akam esa, yonlarida «taftbosti»ga bir choynak choy — oʻzlari goʻyo hordiq chiqargani hovuz boʻyiga chiqqanlar — ora-orada «Moviy gumbaz»ga tashrif buyurgan mehmonlarga ta’zim bajo aylab: «Osh boʻlsin, kelib turinglarov», deb chorsilari bilan yelpinib, xoʻshlashib ham qoʻyadilar.

Xorijliklar u kishining gaplarini qaydan ham tushunsin, suvetni ham tilanchisi bor ekan, deb, besh-oʻn dollar tashlab ketishadi. Tashlab ketishgani mayli, ba’zilari videolariga ham olib qoʻyishadi. Oxiri oʻsha videolari chatoq boʻldi. Chet elliklar kelganda Rahim akamni hovuz boʻyiga chiqarmay qoʻyishdi.

Ammo u kishida nima gunoh? U kishi tug‘ma choʻloq emaslar. Oyim aytib oʻtiradilar: gungursdek bir chiroyli bola edi. Hamma suyib qoʻliga olar, katta boʻlsa, zab polvon yigit boʻladimi, deb erkalar ekan. Qayoqda! Kimnidir koʻzi tegib, bir kuni Qoʻldosh tog‘am suyib, otib oʻynatayotsalar, qoʻllaridan tushib ketib qolibdi. Shu-shu polvon bola yarimta boʻlib qolibdilar. Hozir u kishining bir tizzalarini ushlab, yarimta oyoqni sudrab bosishlarini koʻrgan odam... achiniblar ketadi...

Ammo Xudo barcha kuchni qoʻllariga bergan. U kishining gap sotib turib ham sabzi toʻg‘rashlarini koʻrgan odam yoqa ushlaydi. Odam emas, mashina, deysiz.

Mehmon shu kishini bir koʻrishga ishtiyoqmand edi. Rosti, koʻrsatishga orim keldi. Uyaldimmi, nojoʻya chis-ton qilib qoladilar dedimmi, ishqilib, yolg‘onni Xudo kechirsin, Hikmatxoʻjaga imo qilib yubordim. U ham tushunib, kirib ketdi-da, qaytib chiqib, uzr aytdi:
— U kishini bir joyga olib ketishgan ekan, jindek yumush chiqib qopti. Sizlar bahuzur oʻtira turinglar, kelib qolsalar, aytaman, xoʻp?
— Esiz, esiz, Bahriddin birodarimizning xolavachchalari ekan, koʻrishsak, birodarimiz koʻp xursand boʻlar edi, — deb achindi mehmon.
— Men sizni hali yangi mahallamizga, undan xolalarimu tog‘alarimnikiga olib chiqmoqchiman-ku, shu bilan qutulmaysiz! — dedim.

Mehmon ham bu manziratlardan erib, rostiga koʻchdi:
— Qanu edi, qanu edi! Biz safar kishisi. Vaqt esa tig‘iz, — dedi yelka uchirib. — Bugun bu yerdamiz, ertaga Xudo bilsin, qay shaharning qay goʻshasindamiz. Tujjorning umri shunday — uchoqlardayu aeroportlarda oʻtgay. Bu yera yetkazganiga, sizni koʻrib, manavinday bahavo hovuz boʻylarinda oʻtirganimiz shukr. Alloh oʻzi chevar-da: bizni shunday topishtirib qoʻyibdi. Shunday dasturxonlar ustida uchrashtirib qoʻyibdir. Hechbiri behudamas: mening keluvim ham, sizni topivum ham.
— Ilohim, ilohim, — dedim oʻsha niyatlarga intiqib.

Biz tushlanib boʻlgan, endi choy ichib, shirin suhbat qurmoqda edik. U ham oʻsha intiqligimni sezib, jilmaydi:
— Chindan ham, Maqsudxoʻja janoblari, bu gal biza ajib xizmatlar yuklanmish, — dedi betimga issiq-issiq termulib.
— Xoʻsh, xoʻsh? Bizdan nima xizmat? Tortinmang hech, — dedim qistab.
— Xizmat shuki, — dedi Sodiq afandi allaqanday guldirab ham pishqirib. U ba’zan azbaroyi toʻlqinlanib ketgan kezlari havo yetmay qolar-da, qaddini bir qadar koʻtarib kerishar va shu topda ovozi ham allaqanday guldirab chiqa boshlar edi. Uning norg‘ulligi, ulkan odamlardek bir yerga sig‘may qolishi shunda yaqqol sezilib qolar edi. Men uning oldida oʻzimni ushoqdek his eta boshlar edim, tavba. U yutinib olib, davom etdi. — Avvalgi gal Marg‘ubonuga tegishli xabarlarizdan koʻ-oʻp mutaassir boʻlishib edi. Endi boshqa bir kishina tegishluv yumushlar chiqmish.
— Hech qisinmang. Xolavachchamiz soʻraydilar-u, bilib bermaylikmi? Aytavering, — dedim. Oʻzim esa azbaroyi intiqib turibman, kimga tegishli ekan, deb...

Mehmon kutmaganimda men tomon engashib, ovozini pastlatgali tushdi:
— Ular bir birodarlarin ojizasin izlarlar.
— Izlarlar?.. Kimni? — dedim hayratga tushib. Chindan ham bu g‘alati xabar edi.

U ovozini undan-da, pastlatdi:
— Sarhad oshib kelmish... ekan...
— Qaerdan, qaerdan?! — Men qaerda oʻtirganimizni-da unutib, ovozimni koʻtarib yuborgan edim.

Mehmon yelkamga qoqib, oʻziga tortdi:
— Hay-hay, mirzo janoblari, devorning-da qulog‘i vor-a?
— Uzr-uzr, — deya oʻzimni bosib olishga urinib, rijoga tushdim. — Faqat tushuntiribroq aytsangiz: qaerdan kelmish?
— Kim, oʻshal mushfiqami? — dedi u.

Oh, qaerdan ham shuni aytdi?! Men shu bir og‘iz soʻzdanoq hamma gapni anglab yetgandek edim. Koʻz oldimdan mushfiqa kennoyim ketmay qolgan, undan, akamdan boʻlak narsani oʻylamay qoʻygan edim.

Nazarimda, elchi ham shundan boʻlak narsa uchun kelmagandek! Lekin nega ochiq-yoriq ayta qolmayapti? Nuqul ijikilaydi? Ilinjini roʻy-rost aytavermaydimi?..

Men u mushfiqaning qaerdan liginiyam, kimliginiyam bilib turibman. Boʻladi-ku shunday sezgi, avvaldan bildirib turadigan... Shunday ekan, undan boʻlak kimni izlashardi?!
— Har kishini-da bu dunyoda bir orqadoshi, qiyomatluv doʻsti boʻlsin ekan, Maqsudxoʻja janoblari, — dedi mehmon qaddiyu ovozini rostlab.
— Xoʻsh-xoʻsh? — dedim hislarimni zoʻrg‘a jilovlab.
— Men siza aytsam, Bahriddin og‘amiz koʻzdan-da yaqun, jigardan-da afzal bir birodarina qayushib, ul og‘asina yaxshiluklar sog‘inadur. Biz ul vatanjudoning ahli ayolin daragin bilmak istarbiz.
— Istarmisiz, izlarmisiz? — deya oldim.
— Unisi-da, munisi-da, — dedi elchi mamnun iljayib. — Og‘amiz oʻz vaqtida ul birodarindan tengsiz yaxshiliklar koʻrmish...

Ana uni qarang!.. Qaytar dunyoni koʻotgsh!..

Chindan ham Marg‘u kennoyimni kim unga yetkazib, kim uzilgan nikoh rishtalarini ulabdi?! Oʻshaning qaytimini qaytarmoqchi boʻptimi?! Qiyomatga qolmasin, deptimi?! Evaziga bu yoqlarda qolib ketgan kennoyimni daraklatib, elchi yuboribdimi? Boʻlak nima ham boʻlardi?! Kimni ham izlardi?! Mening butun vujudimga, barmoqlarim uchidan sochlarim tagiga dovur shirin bir titroq yugurib ulgurgan, oʻzim bu xabardan osmonlarda uchib yurardim. Shunday boʻlsa-da:
— Siz u mushfiqaning kimligiyu kimlarga tegishli ekanini... aytmadiz-ku, — dedim elchiga xush tikilgancha.
— Darvoqe, shundaymi? Allohimning hifzu himoyasinda bul diyorlarda umrguzaronlik qilayotgan ul mushfiqa... sizga-da begona boʻlmas. Tangritoqqami — qayoqqa hijrat etib ketmish qay bir xolavachchangizning shar’iy halolasimish-ku, Maqsudxoʻja janoblari. Salom xolamizga kelin qavlida boʻlgay, topsangiz oʻsha diyorlardan — Kattabog‘u Yakkabog‘lardan topgaysiz daragin, dedilar.
— Boyadan beri aytmaysizmi, shuni?! — dedim quvonchim ichimga sig‘may ketayotganini oshkor etishdan yila-tiyla. Ammo oʻzimga qolsa, qani, holi bir yerda boʻlsagu shunday shirin xabarlar ila kelgan elchini quchib olib, bag‘rimdan boʻshatmasam... — Faqat bir narsa soʻrasam maylimi, aybga buyurmaysizmi? — deya oldim axiyri shivirlagudek boʻlib.
— Soʻrang, Maqsudxoʻja janoblari, jonim bilan aytay, — dedi u ham.
— Oʻsha darbadarning oʻzi-chi? — dedim tilim tang-layimga yopisha borib. — Oʻzi qay ellarni vatan tutib, qay diyorlarda toʻxtabdi? Bilasizmi oʻzingiz?
— Kimni aytasiz? — dedi u dabdurustdan anglab yetolmay.
— Kim boʻlardi, biz uchun aziz oʻsha mujohidni aytaman-da...
— Ha-a, Bahriddin og‘amizning qiyomatli oshnasi, vatanjudo xolavachchasin aytasiz... — U yengil tin olib, orqasiga suyandi. — Ikki yil boʻldimikan, vallohi a’lam, daragi chiqqaniga...
— Qay yurt-diyorlardan soʻrarmiz? Omonmilar ishqilib? — dedim oʻksim buzila kelib.
— Siqilmang, koʻngilingiz ham buzilmasin, Maqsudxoʻja janoblari. Oʻzini xor qildirib qoʻymaydigan jigarlaringiz vor ekan. Avvalda Peshovardami, qaerda edi.
— Hozir-chi, hozir qaerdalar? — dedim titranib, qolaversa, u manzillardan kelgan xatlar rost chiqmoqda edi.
— Bombeydami, qaerda — bandargohda qoʻnim topmishlar. Kemalaru qayuqlarni mumlashar emush.
— Mumlashar emush?!. — Men bilganlarim tasdiq topayotganidan hayratga, tushib qaytarib soʻrardim. — Shunday botur — shunday mujohid akamiz-a? Haligacha-ya?..
— Siz xursand boʻling, Maqsudxoʻja janoblari, oʻsha yerdan shunday bir yumush topganlariga, vatanjudolar jamiyati ochganlariga.
— Jamiyat?! — dedim men orziqib, akam oʻshal yerda ham jim yurolmagani yana tasdiq topmoqda edi.
— Mushkul kunga qolgan vatanjudolarni himoyaga oladurgan, qoʻllaydurgan jamiyat emush. Niyatning ulug‘ligini koʻring, Maqsudxoʻja. Har kim ham bu ishga bel bog‘lasin-chi! — dedi mehmon mutaassirlanib. — Shunday ishlarga bosh qoʻshadiyu biz qayushmaylukmi?! Ahli ayolini topishib yubormaylukmi?

Men uning soʻzlaridan titranib bormoqda edim.
— Siz... oʻziz u kishini bilgaysizmi? — deya oldim.
— Qay birlarin aytasiz, Maqsudxoʻja janoblari? Men nimagadir aqlim yetmay boradir. Har ikkalalari-da Siza xolavachcha boʻlgaylarmi, yoki?.. — dedi Sodiqxon afandi sergak tortib.

Men oʻzimga kelib, elchimizning koʻzlariga termuldim.
— Bahriddin xolavachchamizga Marg‘u kennoyimni yetkazgan kishi — oʻsha vallomat bizga kim boʻlishini bilsangiz edi...— dedimu xushxol engashib mehmonning qulog‘iga shivirladim.— Bizda ham birov bilib, birov bilmas xabarlar bor: oʻsha tug‘ishgandan a’lo akamizni... Oltinxon toʻram Makkaga chorlayotgan emishlar. Oʻshanaqasi birodarinikiga kirsa ham ajabmas.
— Kim, Oltinxon toʻram-a? Makkaga-ya?.. Voy, Maqsudxoʻja janoblari-ey, zoʻr ekan-ku sizning xabarlar ham! Biz bilmaydigan narsalarni bilasiz ekan-ku!.. — deb yubordiyu u azza-bazza turib, rapidadek kaftini yelkamga tashladi va oʻziga tortdi.

Biz jonu jahonimiz erib, bir-birimizning bag‘rimizga singib borar edik.

Ular kimning ahli ayoliyu tirnog‘in izlashar?

Uylarning soyasi tortilib, oftob terak boʻyidan oshgan sari osmon toqi tiniqlashib, kamiga moviylashib kengayib borar edi. Balki men soʻriga chiqvolib tok tarashga tushganimdandir bu. Ishqilib atrofga suqlanib boqar, hali hovli ortidagi oʻrik shohida chiyov-chiyovlashga tushgan sa’vaga, hali qoʻshnining tuproq tomi boʻg‘otiga qoʻnvolib, tojini yoyib-yig‘ib «huku-pish»layotgan popishakxonga anqayishga tushgan edim.

Pastdagi ayvonda esa, oyim chordana qurib oʻtir-volib, menga qaysi navdani kesib tashlashu qaysi-nisini qoldirib, qanday bog‘lashni oʻrgatib turibdilar:
— Yoʻq-yoʻq, unisiga tegma. Koʻzing qayoqda?! Oʻsha mayda boʻg‘ini shoʻralasin-da hali. Senga qolsa, satta uzum qiladiganini kesib, erkak navdasini qoldirmoqchimisan? Qoʻy, bilmasang, kelinim chiqadi, — deb tergab qoʻyadilar ora-orada. Bunga sari kulgim qistab, yuzimni chetga buraman.
— Nega kulasan, u sendan uquvliroq. Bitta aytgandayoq ilib oladi.

Battar kulgim qistab, burnimni yelkamga ishqayman: qani, shaytonim qoʻysa...
— Ha, unga nima qipti, soʻriga chiqmay yurgan joyi bormi? — dedilar azza-bazza jahllari qistab.
— Ha, endi... soʻriga ikki kishi chiqqanidan... bir kishi chiqqani tuzuk-da, oyi, — deb uning og‘ir-oyoqligiga shama qilgan boʻldim.
— Qoʻyaqol unda. Kenja tog‘ang tarab bera qolar. U kishining qoʻli tekkan navda hosil bermay qoʻymagan.

Ola! Men turib, tog‘amni chaqirtirib yursalar, ayt-maydilarmi?!.

Azza-bazza xafa boʻlgan joyimda... darvoza zulfini shiqirladi.
— Hoy, kim bor, qutlug‘ uyda? Mehmon kevotti oʻz oyog‘i bilan.

Ovoz taniщ, juda ham tanish edi. Hassaning doʻq-doʻqi undan-da tanish edi.

«Kelavering, pochcha»lab narvondan tushib borsam, chindan yoʻlakdan u kishi kirib kelyaptilar. Birpasda bag‘rimiz toʻlib, uyimizga fayz kirib ketdi.

Dasturxon yozilib, choy kirdi. Duolar boʻlib, hol-ahvol soʻrasha ketdik. Qarindoshlar sal uzoqqa tushib, hovli-joy qilsa, shu ekan: sog‘inib, ichikar darajaga yetar ekan odam. Shundanmi, soʻrashib-istashib toʻymas edik.

Qolaversa, biz istab borish oʻrniga, u kishining yoʻqlab kelganlaridan, ixrab-sixrab boʻlsa-da, shu yoqda xeshlarim bor-ku, deb kirganlaridan bir — xijolatga botsak, bir — boshimiz koʻkka yetar edi.
— Borsa-kelsa, oqibat uzilmaydi-da, Salomxon. Oyog‘imiz ostidan shamol oʻtib turibdi, shunisiga shukr. Hassa nima, bir dalda-da, yotgulik qilmasin, — der edilar u kishi pishillab. Basavlat odamning yostiqqa suyalishi ham, xontaxtaga koʻkrak berib, xoʻrillatib choy xoʻplashlari ham bir boʻlakcha edi. Suyagi yoʻg‘on, toshi og‘ir odamning shundan shu yoqqa bizni deb kelganlari, hovlimizga yuz burganlari, ayniqsa, bizga xush kelmoqda, u kishini har qachongidan yaxshi koʻrib ketmoqda edik.

Tog‘alarimiznikiga kelib, bosib oʻtib keta olmadilarmikin yo atayin kelyaptilarmi, bunisini bila olmay oʻtirardik.
— Hay, bizning tog‘ oshib kelgan arzanda kelinimiz qani, Yodgormurod qani? Ular koʻrinishmaydi, qayoqqa javob bergansiz? — deb qoldilar pochcha ochiq eshikdan hovli adog‘idagi uylar tomon alanglab.

Shundagina bir narsalarning uchini sezgandek yuragim hapriqdi: nima gap ekan? Shunchaki surishtiryaptilarmi yo biron xabar bormi, deb yuzlariga termuldim. Ammo u kishi soqollarini tutamlab-silagancha javob kutsalar-kutardilarki, menga qaray qolmas edilar. Yuzlaridan bir quvonchli narsani sir tutib turgandeklar. U nima ekan, deb ichim qurib boryaptiyu... oʻzim Bahriddin akam yuborgan elchi haqda hech kimga miq etmay yurganimdan (Kelishuv shunday! Hatto kennoyimga, Yodgorga soʻz ochganim yoʻq! Elchi qattiq tayinlagan!) jim qola qoldim. Hozir ham ochmaganim ma’qul bu gapni, ochsam — oyimlardan baloga qolaman. Boshlanadi soʻng: nimaga aytmovding? Biz koʻrsak bir narsa boʻlardimi? Shundan shu yoqqa odam keladiyu uyga opkelmaysanmi? Anuv mushtiparlarga bir og‘iz bildirib qoʻymaysanmi? Shuncha kutganda — arzimabdimi, daragini eshitsa?.. Undan koʻra, ichimda yotavergani ma’qul. Bunaqa narsalarning isini chiqarib boʻladimi!
— Qumloqqa ketishdi. Oytoʻraxonni koʻrib kelgani, — dedilar oyim, men ruxsat berdim degan kabi va qoʻshdilar, — U kishi ham tabarruk, duolarini olib turishgani ma’qul. Bir vaqtlar bag‘rilarida oʻtirishgan.
— E, shunaqami, men Sultonmurodimizning tirnog‘ini koʻrib ketamanmi, devdim. Xayitlik berolmab edim, berib ketamanmi, deb edim. E, attang, e, attang,— deb qoldilar u kishi.
— Shoshadigan yeriz bormi, pochcha, oʻtira turing. Kelin koʻksomsaning harakatiga tushgan. Keyin oʻzim osh damlayman, qoʻlbola qilib. Ungacha qaytib ham qolishadi, — dedim sog‘inganimni jindek sezdirib.
— Hay, sening gaping ham tuzuk, qayoqqa shoshaman. Kechqurun oborib qoʻysang boʻldi-da, — dedilar halitdan ketish g‘amidan soʻz ochib.
— Qolavurasiz-da, — dedim atay.
— Xoʻ, jiyan-a, — dedilar u kishi orqalariga suyanib-kulib. — Senam qarigin bilasan, oʻz uying oʻlan toʻshaging ekanini. Qolaversa, xolang koʻz yummay chiqadi.
— Opkelavermabsiz-da, opamlarni ham. Yotib ketardilar, — dedilar oyim.
— Umi, bilgani yoʻq. Isini chiqarmay qoʻya qolay devdim topgan gapimni...
— Voy, yana qanaqa gap? Nimaning isi? — deb hovliqib qoldilar oyim. — Shu mushtiparginaga tegishlimi?
— Nima desam, sizga qanday tushuntirsam, — deb pochcha talmovsiradilar. Aftidan bu gapni hech kimga ochgilari kelmay meni izlab kelganlar-u, hozir no-iloj qolgan edilar. — Oʻzimam tagi-tugiga yetolmay sarangman.
— Nimani, ochiq-yoriqroq aytavering,— dedilar oyim.
— Shu yangi imomimiz kechaginda bir gap topib kepti. Emishki, hajdan qaytgan muftiy taqsirimiz bir odamning omonatidan soʻz ochganmishlar. Oʻsha qoch-qoch paytlarda ahli ayoli qolib, oʻzi hijrat etib ketgan birov yaqinlari daragini soʻratganmish. «Sizda ham bir mushtipargina bor deb eshitamiz, eri sarhaddan oʻtolmay qolgan. Taqsirimga balki uchrab boqarsiz», deydi. Oʻshandan beri na yeyar-icharimda, na oʻtirar-turarimda halovat bor. Koshki bizga tegishli boʻlib chiqsa deb... — Pochcha koʻksilarining ichi achishib borayotgan kabi oʻsha joylarni silab, yana orqalariga yastandilar, — Sultonmurod hajda nima qiladi, u yerlarga yetishga yoʻl boʻlsin, boshqa birovdir deb, oʻzimga taskin-tasallular bersam-da, tinchiy olmayapman hech. Xudo xohlab turibdiki, bu xabar bizgacha yetib kelibdi. Xohlamasa, qaydan ham yetardi deb, ertalabdan bu yoqqa yurvordim. Nima qilay, nima boʻlsa, Xudodan koʻrdik, deb bir borib koʻraymi, Maqsudxoʻja? Harholda sen oʻqigansan, dunyo ishlaridan xabaring bor. Ishonsa boʻladimi shu gaplarga... yo hammasi bir uydirma, tuzoqmi? Og‘rimagan boshga tashvish ort-tirib olmasmikanmiz?

Men yalt etib oyimlarga qarasam, u kishi qoʻllarining yuzidagi koʻk ipakdayin tomirlarini silagancha xayolga tolib qolibdilar. Bir toʻxtamga kelganlarini bilib boʻlmaydi: shunchalik xayol olib qochgan.

Pochcha ham bu holni koʻrib, sovub qolgan choylarini simirarkanlar, orqasidan chuqur tin olib, yuzlarini ishqab qoʻydilar:
— Soʻz ochgani ham qoʻrqasan, ochmagani ham. Aytsang ham — bir balo, aytmasang ham. Bu hukumat is olib qolsa bormi... — dedilar u kishi xum boshlarini ma’noli saraklatib, — undan koʻra, «och qornim — tinch qulog‘im» yaxshiroqmikan-a?

Men u kishining soyalaridan ham xavfsirayotganlarini bilib tursam-da, elchi kelgani, ketidan bu gapning chiqishi hech bekorga oʻxshasdi. Demak, Sultonmurod akam ham tinch oʻtirgani yoʻq: bularni topib, zimmasidagi shar’iy burch — omonatni oʻtash harakatida! Shunday boʻlib chiqadimi?.. Unday desam, Bahriddin akam joʻnatgan elchidan xabari yoʻq, taqsirga og‘iz ochib qoʻydimikan?.. Hech tushunib boʻlmasdi.
— Chiqmagan jondan umid, oʻzimizning odam — muftiy ekan-ku, — dedim.
— He, jiyan-a, — deb qoʻl siltadilar pochcha, — bularning ichida ham murosai madorachisi qancha, xizmat qilib qoʻygani qancha. Yaktagu salla bir libos, xolos. Jon esa, shirin.

Ichimdan yo qirindi oʻtdi, yo boshimdan bir olov chiqib ketdi (Balki har ikkisi shu bir lahzaning oʻzida kechgandir):
— Qanday?! Xudodan qoʻrqmasdan-a?.. — deb yubordim. — Mehrobda chayon yotsa, bu yoqdagilarni holi ne kechadi?
— Astag‘firullohi al-azim. Balki biz adashayotgandirmiz, Alloh zohirgamas, botinga qaraydi-ku.
— Unda nimadan qoʻrqasiz? — dedim qidirayotgan odam akam ekanidan umidimni uzmay.

Oyim shasha-doka roʻmollarini peshonalariga tortib, uchini yelkalaridan oshirib tashlarkanlar, bosh toʻlg‘adilar:
— Gumondan imon ham qochadi. Ka’batullohgaki borib kelgan odam... unday qilolmas. Boravering, Allohning yozganidan boʻlak nima boʻlardi? Balki kelingina boyaqishning baxti ochilay deb turgandir.
— Shuni ayting. Balki hammasi rostdan ham yaxshilikkadir.

Men ich-ichimdan «Qani edi, qora kunlar orqada qolib, bular ham roʻshnolikka chiqa qolsa», deb uchib-qoʻnib turardim-u, kallamning bir chekkasidagi shub-ha qoʻymasdi: «Shoshma, shuncha koʻrgiliklari kammi? Hukumatning nayrangi boʻlmasin. Undan koʻra, sabr qilish kerak. Ishonchli elchi kelib ketdi-ku, axir».

Axiyri shu shubha tosh bosib ketib, fikrimdan qaytdim:
— Avval biladiganroq odamga maslahat solish kerakmidi?
— Kimga? — dedilar pochcha sergak tortib. — Anuv oshnasiga deysanmi?

Tushundim, Chaman akamni aytayaptilar. Kechagi elchi haqida miq etmadim-u, buni aytib boʻladimikan? Yerning tagida ilon qimirlasa, biladi-ku, buni bilmaydimi? Akamning qaytishi mumkin boʻlsa, Chaman akam allaqachon harakatga tushib qolmasmidi.

Undan koʻra, Toʻramning oldilariga oʻtmoq lozim. Kim-kim, u kishidan xayrli bir maslahat chiqishi aniq.
— Istasangiz, Toʻramning oldilariga oborib kelay. U kishi aytgan odamizni bilsalar kerak, — dedim tusmollab.
— Darvoqe, sen haqsan, — dedilar pochcha pishillab, — haq boʻlganda ham yuz karra haqsan. Borib sekin soʻraylik-chi, bor gapmikan-yoʻq gapmi? Otlan-otlan, men rozi.
— Hoy, pochcha, kelmasizdan-a, — dedilar oyim azza-bazza hovliqib, — kelin koʻksomsani opkesin, omonliq-somonliq qilaylik. Xudoning kuni bittami? Qolaversa, oʻsha mushtipargina kelsin, Yodgori kelsin. Sizni koʻrib, boshlari koʻkka yetsin. Kelmasizdan yoʻl koʻrmang-da, pochcha.
— Boʻpti-boʻpti. Surishtirish mirzoga tan. Men qoldim, — deb ikkala qoʻllarini koʻtargancha chayqalib qoʻydilar u kishi.

Bundan mutaassir boʻlib hammamiz kuldik. Chindan Nusrat pochchaning qiliqlari oʻzlariga yarashardi, ulardan boshqa odam bunday beg‘arazdan-beg‘araz kulgi uyg‘ota olmasdi. Hatto Yodgor ham, kennoyim ham, koʻzda yosh bilan bu kulgiga qoʻshilgan boʻlar edilar. Hozir esa, kim ahli ayoliyu yolg‘iz tirnog‘ini izlashidan bexabar qaerlarda yurishar, bilishsa bormi, yuraklari yorilar edi.

Chindan Oytoʻra buvining ziyoratiga ketishdimikan yo Chaman akamdan biron mujda kutib? Men aniq bir narsa bilmasdim.

Oʻzi pok, dardi dunyosi qora bir inson

Pochchani kirakash mashinada Beshqayrag‘ochga tashlab qaytsam, mahalla zim-ziyo, na biron koʻchada chiroq bor, na biron uyda lipillagan yorug‘. Hammayoq tim-tirs, odam zoti koʻrinmaydi. Xuddi allamahal boʻlib ketgandek.

Vaholanki, ketayotganimda chiroqlar charaqlab yotib edi. Qancha vaqt boʻlibdi ekan? Qolaversa, kennoyimgilar shahardan qaytishmagan edi.

Shu xayolda guzarga yaqinlashib qarasam, doʻkon yonidagi qorovulxonada bir narsa miltirayapti. Kim ekan, bemahalda hujraga chiqqan? Sekin burildim. Borsam, shaxmatchi xariflarim xontaxta ustiga muk tushgancha dunyoni unutib dona surishyapti. Yonlarida yog‘ga solingan pilik ojiz chirsillab, shaxmat ustinigina zoʻrg‘a yoritib turibdi. Shu ahvolda:
— Shix, qochsinlar! Shix, ishongan tog‘larini bersinlar! Shix, motga tayyorlanavursinlar! — deb dona surishyapti.
— Ey-y, harifjonlar, bormisizlar, oʻrtanglar toʻlsin, — deb kirib bordimu oʻtirib qopman.

Necha qoʻl oʻynadik, oʻrtada shaxmat necha aylandi, bilmayman. Bir mahal birov eshikni ochib yuborib:
— E, barakalla, u yoqda kim nechta tug‘ib oʻtiribdi, bu yoqda bularning topgan oʻyinini koʻring, — desa, oʻzimizga kelibmiz. Darvoqe, oyim koʻz yummay oʻtiradilar-ku. Ustiga-ustak, Yodgorlar ham kelishmagan edi, deb oʻrnimdan turdim.

Ichim g‘urmishlab, uyga yetib kelsam, eshik yuziga yopiq, qulf tushmabdi. Demak, oyim tiq etgan tovushga quloq tutib oʻtiribdilar. Kirishimdan urishib berishlari aniq. Shuning uchun ham oyoq uchida kirib borib, derazadagi qulfni ola boshladim. Ammo ichkaridan... qanaqadir piq-piq yig‘i tovushi kelar, tovush ham tanishdek edi...
— Shunaqa, kichigoyujon, dardum ichimda. Chiroq yoqsa, yorumaydu. Bu balo qaydun yopushdu, qay gunohlarumga tutdu, — deb siqtanardi kennoyim... Qotib qopman.
— Hammadan yashirsangiz ham oʻzimga aytavermaysizmi? — dedilar oyim.

Kennoyim yig‘isini yutolmay, hiqilladi:
— Koshki... aytub boʻlsa, kichigoyujon.
— Men kimman, kelinposhsha? Nega onangiz oʻrniga onadek koʻravurmaysiz? Bir chekkasi kelinim boʻlsangiz, bir chekkasi shu yoqdan ketgan kishilarning tirnog‘isiz, chirog‘isiz, — deb tergay ketdilar oyim.— Alloh otalarizga buyurmagan yurtni sizga buyuribdi, shukr qiling. Birovlarnimas, bizni bag‘rimizda oʻtiribsiz. Bizga suyanmay, kimga suyanasiz?! Sultonmurodimizning taqdirida ahli ayoliyu Yodgorini bizga qoldirib, oʻzi darbadar ketishi borakan, ne qilayluk?! Koʻnamiz-da Xudoning yozug‘iga. Dardizni olay, unday qilmang. Hammasini ichingizga solavermang. Anavi Yodgorizzi oʻylang. Erta birisi kun uni uylashingiz, orzu-havasini koʻrishingiz kerak. Kelin tushirsangiz, qoʻlidan bir piyola choy ichganingizda bu kunlar unut boʻlib ketadi, aylanay. Zimmangizga ham ota, ham ona boʻlish tushibdi, hali ajrini ham koʻrasiz. Tirnog‘ingiz er yetib qoldi, har odamlar borki, tirnoqqa zor, chirog‘bonga zor. Hech siqilmang, Allohning va’dasi bor, men shukr qilgan bandam bilanman, degan. Toʻg‘rimi?
— Rahmat, kichigoyu. Yaxshuyam sizlar borkansiz.
— Ha, bu boshqa gap. Dard bergan Allohim shifosini bermasmi? Sudralib yuruvchi bir ilonki, jarohatiga shifo topganda, biz topolmasmizmi?

Men damim ichimda, hamon deraza tagida miq etmay turar, ketolmas ham, qimirlay olmas ham edim.
— Qanday? — dedilar kennoyim ilinjda.
— Dalayu dashtdan bir oʻtni topib borib, oʻshangga jarohatini surta-surta, tuzalib ketadi ekan. Ana oʻshani ermana der ekanlar. Biz oʻshanchalik ham emasmizmi? Buning ham bir davosi bordir, kelinposhsha...

Men esovsirab qolgan edim. Kennoyim bechora, tomoqlariga dovur oʻranib yurishlari shundan ekanmi? Boshidan roʻmol tushmay, yengi uzun koʻylaklar kiyib olishlari, bilaklarini xuddi yara chiqqandek doka bilan tang‘ib tashlashlari... shundan ekanmi?! Olim akamnikiga uykoʻrarga borganimizdami, qaerda koʻrib edim, xuddi yangi tushgan kelinlardek roʻmollarni tomog‘lari bilan qoʻshib oʻrab olganlarini? Oʻshandan boshlangan ekanmi?

Nega ranglari chiqmaydi, uzun xayol surganlari-surgan desam... oq tushib, shu dard ilashgan ekanmi? Oytoʻra buvining oldiga ham bekorga tushmagan ekanlar-da.
— Hamisha shunday qolmas, kelinposhsha...

Shu mahal... chiroq birdan charaqlab yonib, hammayoq charog‘on boʻlib ketsa... koʻzlarim qamashib, tisarilib ketibman. (Qolaversa, deraza tagida soʻz poylagan kimsadek turishim xunuk edi!)

Qulfni ola darvozaxonaga qayrilgan joyimda ichkaridan oyimning ovozlari keldi:
— Hoy, kim? Maqsudxoʻja, oʻzingmisan?
— Men-men, keldim...
— Sen kelishing-la chiroq yonarkan, vohliroq kelmaysanmi-ya, bolam?

Men eshikni qulflab, qoʻlimni chayib kirib borganimda, ular ancha oʻzlariga kelib qolishgan, kennoyim xontaxta ustini yig‘ishtirishga tushgan, allaqanday oʻng‘aysiz holatda odamga qaramaslikka tirishar, koʻzyoshlarini artib ulgurgan boʻlsalar-da, nami bilinib turar edi. Men ichim zil ketib, soʻrashishga ham tilim bormay turarkanman, oyim hushimga keltirdilar:
— Ha, bolam, ja qolib ketding? Xolang yaxshi ekanlarmi?
— Soʻray-soʻray bir yerga yetishdi, duo deb qolishdi.
— Salomat boʻlishsin. Kichkina boʻlsayam bitta mashina olsang, «g‘uvva» oborib-kelib turarmiding. Odam sog‘inarkan, bolam. Ha, qani-ya, Kattabog‘da oʻtirganlarimiz? Sog‘insak, eshikka tambani bosib ketaverishlarimiz? Allamahalgacha gaplashib oʻtirib kelishlarimiz? Qadri oʻtyapti.
— Endi men qachon oʻrganardim! Undan koʻra, ana, Yodgorni oʻqitamiz. Oʻrganvolsa, oborib kelaveradi.

Bu gapim choy yangilagani chiqib borayotgan kenno-yimga yoqib, qayrilib qarab qoʻydilar. Koʻzlarida yilt etgan yolqin, u kishini yangi kelgan davrlariga qaytargandek edi, tavba. Yuzlari yorishib:
— Oʻsha kunlarga yetkazsun, ilohum, — dedilaru chiqdilar.

Oyimlar bilan qolib, men u kishiga savolomuz qaradim.
— Tinchlikmi, oyi, ruhlari tushib ketibdi juda?

Oyim damlarini chiqarmay, eshikka imo qildilar. Soʻng oyoq ovozlari uzoqib borib, oshxonaga kirib ketgachgina:
— Boyaqishga shu yetmay turib edi, — dedilar bosh toʻlg‘ab. — Nima qilasan, Allohimning yozmishi. Suyganiga dardu mashaqqatni qoplab beravuradikan.
— Tushunmadim?
— Hammaga ham bersin-chi, bermaydi. Pirovun1 degani oʻtgan ekan, dodam rahmatli aytib oʻtirardilar. Oʻshanga hamma narsani, mulkniyam, dunyoniyam berib qoʻyib, dardni ravo koʻrmagan ekan.
— Yomonmi bu? — Men hamon nima demoqchi ekanlariga tushuna olmay oʻtirardim.
— Bosh og‘rig‘i nima degan gap? Hatto oʻshani ham bermagan ekan.
— Nega?
— Bersam, menga iltijo qilib, topinib qoladi deb, bermagan ekan. Dardni ham suygan bandasiga, amallari xush kelganiga beradi. Kennoyingga ham ibodatlarini mukammal etsin, deb bergan-da, bolam, bu narsani.
— Oʻsha hammadan yashirayotganlari shunchalik qoʻrqinchlimi, oyi? — dedim oʻtakam yorilib. Qolaversa damim ichimga tushib, eshikka alanglar edim.
— Ayol kishiga xunuk-da, bolam. Ustiga-ustak, suqsurdek juvon shu oq baloga uchrab tursa. Hamma qatori yayrab-yashnab yurolmasa, birovga koʻrinolmasa... Sulton akangdan tirik judo boʻlgani kam ekan. — Oyim chuqur tin oldilar, ichlaridan olov oʻrtab chiqqandek, ketidan bosh toʻlg‘ab dedilar. — Nimayam qiladi, osmon uzoq, yer qattiq...

Mening ichim battar tilindi:
— Shunchalik bedavo deb oʻylaysizmi, oyi?
— Qaytib, musaffo boʻlib ketibdi, deganini eshitmaganmiz...

Endi ichimni bir g‘ashlik tirnagandan tirnay boshlagan edi. Oʻg‘li er yetib qolganida shu ham bor ekanmi? Ichim xuddi birov tilimlab, tuz sepayotgandek achishar edi.
— Shaharga nimaga borishibdi ekan? Tabib izlabmi?..
— Chamanni opasi Eski Juvadagi yoymachilardan bir gap topib kelganmish. Arpapoyada shunaqa oq tushganni davolaydigan tabib borakan. Agar xorijga ketib qolmagan boʻlsa, oʻsha davolaydimish.
— Borishibdimi? — dedim umid tutib.
— Yoʻq, bizdan bemaslahat oʻtmabdi. Yig‘lab-siqtab qaytib kepti. Shunisiga ham shukr. Bizni qora tortib, koʻnib oʻtiribdi. Boshqasi bo Xudo, derdiyu chopardi. Bu istihola qipti. — Unaqa-bunaqa narsaga xoʻrliklari kelmaydigan oyim engashib olgancha kaftlarining orqasiniyu och koʻkimtir tomirlarini silashga tushgan edilar.

Men qaytarib soʻrashga jur’at etdim:
— Qanday tabib, dediz?

Oyim aytgilari kelmayinqirab aytdilar:
— Juhud tabib desa, hamma bilarmish.
— Ular oʻta aqlli xalq, baloga aqli yetadi. Nima boʻpti, boraverish kerak, — dedim miyamga kelganini qaytarmay.

Oyim yalt etib aftimga qaradilar-u, ensalari qotgandek, yuz burib oldilar. Men hech narsaga tushunmay movdiradim. Ammo shu tob eshik ochilib, choy koʻtargan kennoyim koʻrindilaru biz jim qoldik. U kishi piyolalarni chayib, choy damlab kelmoqda edilar.
— Hojati yoʻq edi, bekor urinibsiz. Kerak boʻlsa, ana, Saidaga aytardik, — dedim.

Oyim u kishini alqadilar:
— Baraka toping, osh endi chanqatvotuvdi. Kelin boyaqish, bolalarini uxlataman deb, oʻzi ham mizg‘ib ketgandir-da. Mayli, tiniqib ola qolsin.

Men razm solmayman desam ham nazarim kennoyimning oʻsha roʻmol oʻragan joylariga, quloq yumshog‘i ortiyu soch taglariga ketib-ketib qolmoqda edi. Oʻsha quloq yumshog‘ining yonginasidagi tangadek nori tepasida (yo tavba, bu nesi boʻldi!) tuxum poʻchog‘i yopishgandek bir narsani koʻrib, ichlarim titrab ketdi. Qaydan ilasha qolibdi bu balo? Yo necha yil surunkasiga koʻrgan azoblari, siqilishu kutishlari, bedarak ketgan akamga yetib-etolmasligiyu ertasini bilib-bilolmasliklari — barcha-barchasi qoʻshilib, shu oq dard boʻlib chiqibdimikan? Akam kelmaguncha bet-qoʻlini shunday tutib boravuradimi bu? Ungacha davosi yoʻqmi?

Mening nazarimda shunday edi, ungacha bironta tabib ip esholmaydigan, davosini topib berolmaydigandek edi. Akam keladiyu u yana bir et tashlab, avvalgidek yashnab ketadimi?

Ammo akamni qaysi mard qaytarib kela oladi? Topganda ham sarhaddan kim oʻtkaza oladi? Koshki bu hukumat jim qoʻysa! Hamma-hamma bilan uni oʻtkazib qoʻyadilar ekanmi? Yashatib qoʻyadilar ekanmi?

Nima qilmoq mumkin? Men kennoyim uchun, akam uchun hamma narsaga tayyordek edim, koʻz yumgancha qolgan edim. Ammo ular uchun oʻzni nisor etishning biron-bir yoʻli koʻrinmasdi. Goʻyo miyam toʻngib qolgandek oʻtirardim.

Boshqa qanday ham yoʻl bor — juhud tabibdan boshqa?..

Ichim oʻrtangandan-oʻrtanib borar, hech kimgayu hech yoqqa qaray olmasdim. Choy ham tatimas, ichsamoq ichimni yondirib yuboradigandek edi goʻyo. Turib qoʻl chayish bahonasida hovliga tushib bordim. Bodroqdek bodrab ketgan osmon yulduzlari g‘ashni keltirar darajada yarqirar, nimqorong‘u koʻkdan adashgan tun qushi chuldirab oʻtib borardi. Qayoqqa, Xudo bilsin.

Niyatga qarab ajr berilsa, agar...

Kun chiroyli yoyilib kelar, u qoʻshnining navdalari g‘oʻdda-g‘oʻdda burtib yotgan gilosi ustidan uy peshtoqlariga sirg‘alib tushib ulgurgan, mana-hozir oʻsha peshtoqlar alangalanib ketadigandek bir tus olib borar edi. Koʻklam oftobining tiniqligi shunchalik, nurlarining moʻlligi shunchalik! Undan jilla pastdagi ravon oynalariga tushib borsami, qarab boʻlmas ham ekan-da.

Boyadan beri ulkan shotut tagida quvalashib, hali tomga, hali pastga uchib tushib, tinmayotgan maynalar axiyri nimadandir hadik sirab tom oshib uchib ketdilaru darvozaxona yoʻlagida birov tomoq qirib yoʻtalindi.
— Hov, opa, kim bor?

Ovoz tanishdan-tanish, tog‘amlarnikiga oʻxshash edi: koʻz oldimga u kishining sassiz jilmayib kirib kelaverishlari tushib:
— Hozir-hozir, — deya chiqib boraverdim.

Chiqsam, chindan tog‘am, yarim yoʻlda jilmayinqirab turibdilar, orqalarida devor ushlab yuradigan kenja tog‘amlarning qoʻltiqlaridan olgancha darozdan- daroz Yahyo akam ostona osha pastga tushayaptilar. Tog‘amni qoʻltiqlaridan tutganlari kamday, yana bir qoʻllarida bir shishabonka qaymoq bilan ikkita issiq non. Men uning yangi tandirdan uzilganini darvozaxonani tutgan hididanoq sezib, qoʻllaridan olishga oshiqdim.

Yahyo akam shunaqalar, bizni mahallaga kelib qolsalaroq, bas, hammamiznikiga bir-bir kirib oʻtishlari bor, kirmay ketganlarini koʻrish tugul, eshitmaganmiz.
— Hammangni ichingda Yahyo bir boshqacha-da! Keldimi, bosh suqmay ketmaydi, oqibatni undan oʻrganinglar, hoy, falonchi, — deb oyim hammani uyaltirganlari-uyaltirgan. Hatto tog‘alarimni-da koʻzlarini ochirmaydilar, hech kimni ayamaydilar. Bugun qaysi tog‘ qulab, nima boʻlaqolibdiki, tog‘am jiyan-qaynilari bilan boshlashib kelar edilar. Kenja tog‘am, albatta, oʻzlari yoʻldan qoʻshilganlar. (U kishi vaqt topdilar deguncha, Qur’on oʻqigani kirib turadilar. «Opa, sizzi Qur’oniz tiniq, dona-dona, odam zer-zabariga adashmaydi. Menam shunaqa bosmasidan toptirsam edi», deb qoʻyadilar.)

Men ular bilan koʻrishib-istashib, oyimlarning uylariga boshlab kirdim. Kennoyim qoʻltiqlaridan olib, u kishi turishga unnalayotgan edilar, tog‘alarim qoʻyishmadi.
— Hoy-hoy, opa, sizdan lozimmi shu, oʻzizzi urintirib? Mana, biz kirib boʻldik-ku. Haliyam boʻlsa, oʻltiring.

Ammo oyim oʻz bilgilaridan qolmay, bosh toʻlg‘ardilar:
— Mani qoʻyaveringlar. Er kishining oʻz hurmati bor. Turib soʻrashganga nima yetsin. Momo Havvoni ham Allohim er kishining qay yeridan yaratibdi. Jilla qursa, koʻkrak baravar turay.

Keyin sizsirab, alohida bir iltifotlar ila yelkalariga qoq-qoqa, soʻrasha ketdilar:
— Keling, Qoʻldoshxoʻja, bormisiz-omonmisiz. Pensalarga chiqib olganmushsiz. Ishlarni tashlab, masjidlardan beri kelmayotganmushsiz. Bir chiroyli-bir chiroyli. Qumrixondan eshitib, bir suyundim-bir suyundim. Bolaligizda chiroyli talovatlar qilardiz, Qur’onga qaytganiz muborak boʻlsin, muborak boʻlsin.

Boyaqish kennoyim, biz bostirib kirib, qayoqqa qocharlarini bilmay qolibdilar. Oyimni turg‘izishga unnalib qoʻyib, endi oʻzlari u kishining orqalarida «jon saqlayotgandek» edilar. Bir qoʻllari bilan u kishini tutgancha, yana roʻmollarinimi, nimanidir toʻg‘rilashga urinadilar. Bildim, anavinga birovning koʻzi tushmay qoʻya qolsin, deb... jonlari halak: uyalib, yerga kirib boryaptilar.

Men ularga yordamlashib, oyimning qoʻltiqlaridan tutgim bor-u, soʻrashayotgan tog‘alarim oldidan oʻta olmay dovdirabgina turibman. Qolaversa, qoʻlimdagini qaerga qoʻyarimni bilmayman, u kishiga achinib ketganim shunchalik.

Axiyri opalariga yelka tutib borgan tog‘am qaytganlarida oldinga oʻtdimu oyimning qoʻltiqlariga kirib ulgurdim. Kennoyimga jon bitgan edi, u kishi bir qayrilishda qanday narigi tokcha yoniga yetdilar, keyin oʻsha tokchalarga qisingancha surina-surina, tog‘alarim bilan soʻrasha-soʻrasha eshikka bordilaru oʻzlarini tashqari oldilar. Yonlamasiga chiqib ketdilarmi, orqalari ilami, sezmayin ham qoldim. Aftidan fikri-xayoli oʻsha narsadayu unga birovning koʻzi tushmay qoʻya qolsa, deb titrab-qaqshar, oʻzini qaerga qoʻyarini bilmasdi.

Nega Alloh bergan bir dard ekan, deya olmayapti? Hamma narsaga koʻngan, ne-ne mashaqqatlarni koʻrdim demagan, shuncha malomatlarni ichiga yutib ketolgan kennoyim... shunga kelganda boʻshashib tushdi? Oʻzini yeb bitiryapti? Buyam Allohimning bir sinovi-da deb, orqaga tashlay olmayapti?

Ayol kishining boshiga tog‘ ag‘darilsa, ag‘darilsin ekan-u, etiga bunday oq tushmasin ekanmi?! Zaifa degani shunda bilinadi ekanmi?!

Sultonmurod akamni yoʻqotgani, ajrab qolgani, oʻsha alamlar, oʻsha boshi-keti yoʻq ayriliq-hijronlar endi bilinyaptimi? Shuncha hijron yetmagandek, taqdir qamchisi uni bedavo oq dog‘lar bilan «taqdirlab» toʻrt devor ichiga quvmoqchi, qamamoqchimi? Bu koʻrgilikka qanday chidaydi endi?!.

Men ich-etim uzilib shularni oʻylarkanman, kenja tog‘am oyim bilan qanday soʻrashdilar, soʻng akalarining yonlariga oʻtib oʻtirgancha, orqalaridagi yostiqni nega oyim tomonga tashlashga unnala boshladilar, hech fahmlay olmasdim. Bu orada Yahyo akam ham ikki bukilib yelka tutib ulgurgan, xolamning salomlarini topshirish bilan andarmon edilar:
— Oyim duo deb yubordilar, xola, namozlarizda shifo tilab qoʻyarmishsiz u kishiga. Salomxonni duolari qabul: ikki salovot oʻrtasida soʻrashni biladi, deydilar. Shunaqami xola? — dedilar ovozlari uyimizning toqilari tagida jangillab. (U kishi shunaqa daroz odam. Ovozlari ham boʻy-bastlariga yarasha!)
— Boʻlsa, bordir, — dedilar oyim menga suyangancha joylariga choʻkayotib, keyin oʻtirvolib qoʻshdilar,— hammasi ixtimat-da, bolam. Alloh ham ixtimatli bandasini suyadi. Oʻzlari tuzukmilar?
— Oʻtiribdilar oʻsha oʻziz bilgan karavotlarida... ixrab-sixrab, tasbehlarini oʻgirib. Charchasalar yotadilar. Yotib zeriksalar, turib tahorat oladilar, yana oʻsha oʻrinlarida namozlarini oʻqiydilar. Xudo umr bersin, — deb u kishi ham choʻkdilar.
— Beradi ham. Allohimning bergan dardiga necha vaqtdan beri sabr etadilaru u kishini sevmay, kimni sevsin! Shu dard bilan ham ibodatlarini qoʻymaganlari uchun ham shunaqa ushlab turibdi, Yahyoxoʻja. Boʻlmasa, u kishi tengi qanchalar oʻtib ketdi. Qani, ilohim, qadam yetdi, balo yetmasin, hammaga ham shunaqa ibodatli umr bersin, rohi-rostdan Oʻzi adashtirmasin. Oblohu akbar. Xush kepsizlar. Qaranglar-a, qanday yarashib turibdi, uylarimiz toʻlib turibdi. Kelsa, koʻrsa, koʻz-koʻzga tushsa, yaxshi-da. Hammavuza ham g‘animat.

Men ishga ketishim kerak edi, choy kelguncha kiyinib ola qolgani chiqdim.
— Hoy, bolam, ichingga issiq kirmay, qayoqqa shoshasan? Oʻtir, tog‘alaring bir kelib qolishibdi, — dedilar oyim.
— Xoʻp-xoʻp, haligi qaymoq bilan shirchoyni opkirishay... — deb chiqdim.

Ularning koʻngliga qaramay boʻladi ekanmi! Ki-yinmayoq shirchoyni tezlashtirib qaytib kirsam, tog‘alarim oʻtgan-ketgandan gap ochib, gangir-gungur suhbatlashib oʻtirishar, uy ichi har qachongidan fayzli boʻlib ketgan edi.

Qaymoq ketidan shirchoy kirib, boyagi hidi gurkiragan tandir nonlar ushatilib, bismilloh ila «oling-oling, nasibangiz qoʻshilgan ekan», «Alloh dasturxonimizni bundan ham ziyoda qilsin» degan mulozamatlar bilan nonushta qila boshladik.

Ochig‘i, aqrabolar bilan yozilishib oʻtirib nonushta qilish bir gashtli, yolg‘iz oʻzing shosha-pisha, apil-tapil bir narsalar bilan nafsni qondirib ketishdan oʻlsa oʻligi ortiq edi. Mehr koʻzda deb shuni aytsalar kerak-da? Endi ketgim ham kelmay qolgan, har kungi oʻsha ish-da, boraman-da, axir, deb qilt etmasdim. Rostini aytsam, jirishni buzgim kelmasdi. Qolaversa, ular har kuni kelib yurishibdimi?

Qoʻldosh tog‘am bir gap ochmoqchi boʻlsalar avval odamga sassiz jilmaygancha tikilib qolar edilar. Hozir ham meni suygan kabi oʻshanday tikilib qoldilaru soʻzga koʻchdilar:
— Akangni Yodgori koʻrinmaydi, jiyan?

Mening oʻrnimga ham oyim javob qildilar:
— Maktabiga ketgan, tog‘asi. Hademay oʻnni bitiradi, Xudo xohlasa. Bunga oʻxshab instularga kirmoqchi. Zehni tez bolaginamizning. Xudo omadini bersin.
— E, shunaqami? Adasiga tortibdi-da. Kim boʻlmoqchi? — dedilar u kishi.
— Doʻxtirlikka oʻqirmish, onasining boshi kasaldan chiqmaganigayam.

Tog‘am eshik tomon alanglab olib, ovozlarini past-latdilar:
— Abbosizdan bir uchini eshitdim, shunaqa tushibdimishmi, opa? — dedilar tog‘am, ayollarini toʻng‘ichlarining nomi bilan atab.

Oyim kaftlari ustidan nigohlarini uzmay — istamaygina bosh tebradilar-da, qoʻshdilar:
— Osmon uzoq, yer qattiq, deydilar-ku, shu ham borakan peshonasida.
— Shu oyday kelinimizga-ya? Binoyidek shekilli,— deb gap qoʻshdilar kenja tog‘am.
— Eldan burun vahma qilmanglar, qoʻyinglar, — dedilar Yahyo akam xontaxtadan nari surilib.
— Yomon boʻpti, — dedilar Qoʻldosh tog‘am ichlari sidirilib va negadir chakkalarini qashlab, yana eshikka qarab oldilar. — Oʻzi man aytganimda boʻladigan ishni boʻldirib yubora qolish keragiydi. Hazilmi, shuncha yildan beri turmush qurmay oʻtirish ayol kishiga?! Bari shundan.

Hammani bilmadim-u, mening damim ichimga tushib ketgan edi! Men tugul, boshqalar ham miq etolmay qolishgan, uy ichiga pashsha uchsa bilingudek bir jimlik choʻkkan va goʻyo biz shu oʻtirganimizcha tubsiz chohga shuvillab tushib borardik. Yolg‘iz Xudo asramasa, bosh-qadan panoh ham, najot ham yoʻqdek edi...

Bir mahal oʻzimga kelib, yon-verimga qarasam, tog‘amdan boshqa hamma yer chizib qopti. U kishi esa, zoʻr berib, oʻz gaplarini ma’qullab yotiptilar. Qani endi, dast turib, chiqib keta olsam!..

Oyim ham har vaqtdagidek kaftlarining orqasini hardamxayol silagancha jim qolgan, bosh koʻtarib, qarab ham qoʻymasdilar. U kishining gapidan oʻzlarini qaerga qoʻyarlarini bilmay qolgan kenja tog‘am-ku nuqul engahlarini silab, chuchkurmoqchidek burunlarini ishqardilar. Qani, aksira olsalaru qutulsalar!..

Yahyo akam-ku opalarining hurmatidan gap qoʻsholmay, ma’noli iljayib oʻtiribdilar!

Axiyri oyim bosh koʻtardilar:
— Xudo xayringizni bersin, Qoʻldoshxoʻja. Bu gapni bir aytdingiz, boshqa tilga ola koʻrmang. Eshonpochchaning haqqi-hurmatlari, Sultonmurodimizning haqqi-hurmati. Maylimi?

Kutilmaganda tog‘am dasturxonga fotiha oʻqigan kishiday kaftlarini yuzlariga tortib, tura boshladilaru eshikka qaragan joylarida qaytib choʻkkalab, ovozlarini pastlatdilar:
— Nima, men... yomonlik sog‘inib aytayotgan ekanmanmi, opa?

Oyim boʻshashmadilar:
— Sog‘inmagan taqdiringizda ham niyatingiz nima— aytaymi? — dedilar u kishi.
— Ayting, ayta qoling, — deb izn berdilar tog‘am jahl ustida.

Oyim oqillik qildilar:
— Oʻziz ayta qoling, mendan koʻra.

Tog‘am koʻrpachaga ketlarini qoʻyib, ikkala qoʻllarini yozdilar:
— Boʻlmasa, Olim qurgan shuncha hovli-joy, uchaskaning huzurini birov koʻrsinmi, birovlarga qolsinmi? Jilla qursa, Yodgorga qoladi-ku, opa.

Oyim kulimsirab, bosh tebradilar:
— Oh, Qoʻldoshxoʻja, Qoʻldoshxoʻja, xafa boʻlmang-u, choʻt qoquvchiligingizcha qopsiz. Axir ikki oʻrtada bekor boʻlmagan osmon nikohi bor-ku! Buni shariat deydilar. Shuni tushunasizmi?

Voh, dunyoda shunday soʻzlar ham bor ekanmi, tog‘dek jildirab boʻlmas?.

Ammo oʻzimiz yelkadan tog‘ ag‘darilgandek yengil tortib qolgan edik.

Uzoqib ketmish orqadoshimizga sog‘inchli xat

«Bor ekansiz-ku, akajonim! Xabaringiz kelib, boshimiz osmonga yetdi. Sizni qay diyorlardan soʻraylik deb oʻtirganimizda. Siz chindan tegirmonga tushsa, butun chiqquvchilardan edingiz! Mana, yana chiqib turibsiz! Siz bizning murobitimiz, mujohidimiz, ertangi murod-maqsudimiz, hur fikrli Sultonimiz edingiz. Nima boʻldiki, juda-juda uzoqib ketdingiz?

Rostini aytsam, xabaringizni eshitib, tanamga goʻyo jon bitdi!

Oʻltirib edim, turib-la ketdim! Boshim osmonda, oʻzimni qoʻyarga joy topolmasdim. Goʻyo ikki kuragimdan xoʻv bolalikdagi kabi qanot oʻsib chiqmoqda edi. Shunday yengil edimki, uchib ketsam ham mumkindek edi! Bor ekansiz-ku! Dunyoning bir chekkasida boʻlsa-da, eson ekansiz-ku, omon ekansiz-ku. Shunga-da shukr.

Rahmat, Xudo qarg‘agan yurtning bir chekkasida bizlar ham borligimizni, suyanchsiz-tayanchsiz qolganimizni unutmabsizlar. Xeshu aqrabolarim bor edi oʻsha diyorda, bizga koʻz tutgan-tikkanlar bor edi, deb xatlar yoʻllab, hol soʻrabsiz. Sarhad oshib kelgan xatlarizning ichida oʻzimga atalganlari bor ekan, oʻshandan bir olam madadlar olib, madorlar topdim. Ruhim hov bir vaqtlardagidek yengil tortib, oʻzimni bir boshqacha seza boshladimki, asti qoʻyaverasiz.

Asli bizdan lozim edi, Sizni izlab topmoq, hol soʻramoq... Ammo soyasidan ham hurkib yashashga mahkum biz notavonlarning qoʻlimiz qaerga ham yetardi?! Holimizu fe’limizga yarasha mazlumlikka mahkum ekanimizni koshki bilmasak!.. Oʻzini oʻzgartirolmagan qavmga Xudo ham nazar solmas ekan. Sochimizga qirov inadigan kezda aqlimizni sal-palgina tanib tursak, qaerdan ham Xudo yorlaqasin!

Aka, salomdan ham avval dardu xasratga tushib ketganim uchun uzr soʻrayman. Azbaroyi yaqin olib, yorilib qoʻyibman. Sog‘inganimizni, yoʻllaringizga koʻzimiz toʻrt ekanini, bundan keyin undan ham intiq kutarimizni — shundan bilavering. Boringizda kimga boʻylashishu ergashishni bilardik. Sizsiz hamma qatori boʻldik-qoldik. Qayg‘ularimiz ham qarichimizga yarasha. Intilib esa, qaerga ham yetardik?! Damimiz ichimizda, bir navi g‘imirlab yurganimizni Bahriddin akamdan elchi kelganida (harqalay u dunyo koʻrgan-da!) sezib qoldim. Ilgari ham bir kelgan u tujjor eski choʻg‘-yaralarimni yangilab, yo meni oʻzgartirib ketdi, yo koʻzimni ochib ketdi. Ishqilib men kechagi Maqsud emasdim. Dunyoga ham avvalgidan boshqa koʻz bilan qarab, boshqa qarich — Sizning qarichingiz bilan oʻlchar edim. Goʻyo Siz bilgan oʻsha pakana pari (yoshim bir qoraga yetganda!) tirilib kelib qolgandek edi. Oʻsha ilinj, oʻsha qiziqishlarimni, kimga besh ketgan tomonlarimni topib olgandek edim. (Axir men kimga oʻxshamoqchi edimu, kim boʻldim?! Qani, nochorning yoniga tushib, mazlumning tarafini ola bilganim?! Qani, qalamim «hamdu sano»dan ortib, elning g‘amini terib yozayotgani?)

Aka, siz koʻkragida yoli bor yigitlarning sarasi edingiz, sultoni edingiz! Zig‘ircha adolatsizlikka qarab turolmasdingiz. Siz bizning murodimiz edingiz, Sizga qarab yorug‘ kunlarni koʻrgandek boʻlaverardik. Afsuski, murobitu mujohidlarning soʻnggisi— sizlar ekansiz, undan keyin biz ishongan tog‘lardan sher tugul kiyiklar chiqmay-la qoldi. Marg‘uba kennoyimizni oʻz nikohidagi egasiga yetkazib, xuddi u kelinoyimizdan bir tuki kam boʻlmagan Mahfuz kennoyimni bu tarafga joʻnatganingizda (Akam keladilar ekan-da deb!) boshimiz koʻkka yetib edi.

Chindan Alloh Sizdek mujohidni (uning shariatiyu osmon nikohini har narsadan ustun qoʻyganingiz uchun!) pardai ismatda asragan boshqa bir Mahfuzasi bilan taqdirlagan ekan. Bunga pochchadan tortib xolalarimgacha, hatto oyim ham iymon keltirishgan — bu Xudoyimning yozmishi, Sultonmurodni ziyodasi bilan taqdirlabdi, deyishgan edi. Ammo siz bunga javoban nima qildingiz — bir marta bosh suqqancha qaytib qorangizni koʻrsatmadingiz! Alloh yorlaqaganiga shumidi javobingiz?

Musofirgina kelinchakning holi nima kechdi deb hech oʻylamadingizmi? Sizlar izlagan dorilomon diyor kishining ahli ayoli, bola-chaqasidan ham aziz ekanmi? Qolaversa, u boyaqishgina sizning nikohingizda edi. (Hanuz koʻzlari toʻrt kutyapti!) Shariat buyurgan zimmangizdagi narsalarni nima soqit qila olardiki, bu yoqda ahli ayolingiz turib, oʻzingiz u yoqlarda qolib ketdingiz?.. Topganlaringiz yoʻqotganingizdan shunchalar azizmidi?

Uzr, men bu narsalar haqda og‘iz ochmasligim kerak edi, lekin keyingi voqealar, u mushtiparginaning boshiga tushgan koʻrgiliklarni bilsingiz edi, siz ham kechirmasdingiz oʻzingizni. Na iloj, qiyomat qarz, shularni bildirib qoʻyishim shart koʻrindi. (Axir, u sizning ahli ayolingiz! Erta-birisi kun Allohning oldida soʻralishingiz bor!) U musofirginani bu azim shaharda necha yillar yoʻqotib qoʻyib, sizga nima javob qilarimizni bilmay uy-ichimiz bilan ich-etimizni yeb oʻtirganlarimizni aytganim yoʻq. (Keyin bilsak, Yodgorga yukli boʻlib qolib, biznikilarga koʻrinolmayin Kattabog‘dan bosh olib ketgan, Chaman akanikidan panoh topgan ekan). Keyin-chi, doʻxtirlar oyog‘ini kesadigan boʻlib, shifoxonalarda tiq etsa, eshikka termulib yotganida-chi? Kim joniga ora kirdi? Mana endi yolg‘iz Yodgori er yetib qolganida yana uydan chiqolmay oʻtiribdi. Koshki u boyaqishginaga ilashgan dard haqida birovga og‘iz ochib boʻlsa!

Oyimlarni eshitsangiz: Xudoyimdan aylanaqolay, bundan boʻlak suygani yoʻq ekanmi, dard ustiga dard qoʻshib beravermasa? Shunaqqib sinaganlari evaziga koshki yaxshi bir kunda Sultonmurodginamiz osmondan tushgandek kirib kela qolsa, deb oʻtiribdilar.

Shunaqa, akajon. Bular hammasi aytishga oson. Lekin terisi boshqa nimani ham bilardi! Bir kun chidarmikanmiz? Kennoyim-chi, yil — oʻn ikki oygina emas, yaqin oʻn sakkiz yildan beri chidab kelyapti! Tag‘inam fil ekan, boshqasi bo Xudo, dunyoga ikki marta kelamanmi, derdiyu turmush qilib ketardi. U mingdan bittasi boʻlib oʻtiribdi-ku. Shunday mohipora kennoyimiz xabar olishga arzimadimi?

Aka, uzr. Avvalom bor, bular haqda sizga yozmasligim kerak edi, Sizni bilganimdan, ichim achigandan, yozib qoʻyibman. Siz hech kimga oʻxshamassiz! Sizdek odamga chegara-sarhadlar nima ekan?! Tuzumlar nima ekan?! Hammasi noqis, noodil ekanini, oʻtkinchi sanashingizni koshki bilmasam! Hech biri Alloh yaratgan shariatdan, zimmamizga yuklagan burchu soʻraladigan narsalardan ustivormasdir?

Men oʻzingizni koʻr-koʻrona olovga urib, boʻyningizni sirtmoqqa tutib bering demoqchi emasman. Lekin inson Qiyomatni, Mahshar kunini, Allohning oldida turmog‘ini unutmog‘i mumkinmi? Koʻra-bila turib, oʻzini sharmisorlikka qoldirmog‘i mumkinmi? Sizdek odam bunga rozi boʻlmog‘ini hech tasavvur eta olmasman...

Yana ming bor uzr, men mushtipargina kennoyimizni deb, shularni yozdim. Aybsitmaysiz. Adashgan boʻlsam, Alloh kechirsin. Qolaversa, tili achchig‘u qoʻli kalta ukangizni kechirib qoʻying! Nima degan boʻlsam, avvalo, Sizni suyganimdan, Allohning oldida yuzingiz yorug‘ boʻlishini istab yozdim. Hamma kechirmasa ham oʻzingiz kechirasiz, siz tushunasiz deb, mirzo ukangiz, Maqsud.

Oʻzingiz bilgan Toshkandi azimning

Katta Qangli biqinida

oshyon tutgan xeshu

aqrabolaringizdan sog‘inchli salomlar

yoʻllab qolaman».

Mangu javhar yoxud iymon koʻchasidan oʻtmaganlar hiylasi

Tan beramiz: dunyo shunday qurilgan. Unda boqiy narsaning oʻzi yoʻq.

Unda har bir narsaning yashnashi, gurkirashi, gullashi bor. Soʻng zavolga yuz tutishi. Hatto anvoyi pechakgul ham bir ajoyib karnaygullar oʻrab, necha kungina yashnamog‘i, soʻng urug‘ bog‘lab soʻlmog‘i bor. Hatto oʻsha yoʻqlikka koʻchgan Izza tepaliklaridagi tikonzorlar ham bahorda bir chiroyli gullab yuborar edilar. Endi topib koʻr-chi!

Koʻrk-husn-chiroy ham shunga monand narsalar jumlasidan ekan.

Oyim uzun kechalarda aytib oʻtirardilar:
— Xudoyim taolo koʻrkni yaratib, uni yuz boʻlakka boʻlgan ekan-da, oʻshaning bir boʻlagini yana mingga boʻlib, bir boʻlakkinasini Yusuf alayhissalomga berib, qolganini butun dunyoga sochgan ekan. Oʻshanda kennoyingga ham jindek yuqqan. Xudoning berishi-da, bolam, — der edilar.

Endi ana oʻsha chiroyga ham koʻz tegib, qaerdandir oq tushgan edi. Nima bu, Alloh Oʻzi bergan husnni Oʻzi qaytarib olmoqdami yo shuni ham koʻp koʻrdimi? Balki mahbub koʻrgan bandasini shu tariqa sinab-poklamoqdadir?! Shuncha koʻrgiliklari, tosh kelsa — kemirib, suv kelsa — simirib oʻtirganlari oz ekanmi?..

Kelishilgan yerga yetib borganimda hali aytilgan vaqtga jindek bor — oftob endi teatr ortidagi chinorlar orqasidan bosh koʻtarmoqda edi. Ammo kunmisan-kun chiqib kelmoqda. Uni nur toʻzoni yoxud seli deb atamoq ham kam edi: butun daraxtzor, ulkan chinorlar nur selida qolgan, soyalar qayoqqa qocharini bilmay daraxt tanalariga yopishib olgan, oʻzlari esa, zar purkalgan tilla daraxtlarga aylanib ulgurgan edilar. Shoxlari orasidan yorib oʻtgan nurlar shunday oʻtkir, yoqimli ediki, u nur toʻzonidan koʻz uzmasam derdim. Bunaqasini ilgari koʻrganmanmi-yoʻqmi, eslay olmasdim. Koʻrganmanki, hov oʻsha oʻyinqaroq kezlarimda Izza tepalarida turib quyoshning chiqishiyu botishini soatlab tomosha qilganlarim yodimga tushib bormoqda, yoʻqotganlarimni topib olgandek edim. Umr shunday bebaqo, hayot esa bevafo ekanki, yillar oʻtgani, kunlar kechgani sayin, hatto daqiqalar ichida ham odam bir aziz narsasidan judo boʻlib qolaversa! Mana, hozir ham oftob nayza boʻyi koʻtarilib, daraxtlar ustiga chiqib oladiyu hozirgi nur seliniyu daraxtzor ichidagi anavi qushlar bozorini qaytib topib koʻr-chi? Ertaga yo koʻra olasan, yo koʻra olmaysan. Shunaqa, umr selday oʻtib bormoqda, aziz onlarni sovurib, boy berib bormoqdamiz. U deb, bu deb chopib yuribmiz-u, lekin nimani ushlab qolmoqdamiz? Oxir-oqibat nimaga ega chiqmoqdamiz? Ayriliqqami?

Kechagina Bahriddin akam taraflaridan elchi kepti, shundan-shu yoqqa Sulton akamning ahli ayolini yoʻqlab-daraklab kepti deb, boshim osmonda edi. Bugun esa, u bilan ham xayrlashuv onlari yetib kelmoqda edi. Yana qanchadir vaqt oʻtib u keladiyu mendan salomnomani olib, quchoqlashib xayrlashishga tushadi. Keyin men yana yuragim boʻshab — huvillab qolaveraman. Shumi topganlarim? Bu hayot deganlari buncha beshafqat ekan, nuqul yoʻqotuvlaru judoliklardan iborat?! Boʻlmasa, topib koʻr-chi, keltirib koʻr-chi akamni! Akamu kennoyim ikkovini qoʻsha qaritib koʻr-chi! Kelmaydi qoʻlingdan! Alloh xohlamasa, biz kimmiz? Nahot taqdir qalamining siyohi bitgan, uning nuqtasini-da oʻzgartib boʻlmas?!.
— Salomlar boʻlsin oʻzlariga, Maqsudxoʻja janoblari.

Oqqushdayin suzib kelib yonginamda toʻxtagan mashinadan tushib ulgurgan mehmonimiz quchoq ochib turar edi.

Turk afandilaridek poʻrim kiyingan, keng peshona, qora koʻz, yarqiroq yuzli mehmonimizni koʻrganimdanoq alohida bir mehr uyg‘onib, unga talpindim. Har na qilsa, akalarimizdan mujdayu salomlar keltirgan odam. Yana bizdan mujdayu salomlar olib ketmakchi. Oʻz yumushlaridan ortib, bizga shunchalar qayishibdi, vaqt topib kepti, Alloh ajrini toʻliq qilib bersin. Shu omonatni deb biron kor-holga qolmoqdan qoʻrqmabdi, barchasidan Alloh roziligini ustun qoʻyibdi, unga tasanno. Har na qilsa, dunyo koʻrgan: elchilikni oʻrniga qoʻydi. Gap yoʻq! Men-chi, bu mard insonni lozim darajada kutib olib, e’zoz koʻrsata oldimmi?

Uyga olib ketay, bir kecha mehmonimiz boʻling, deb shuncha qistadim, koʻnmadi. Bizning qadamimiz oʻlchovlu, mirzo yigit. Sizni koʻrganum, birodarimizga tegishluv kishilarning sog‘-omonliguni bilganum yetarluv, muhimi — shu edu, endi ertaga ikki enlukkina bir xat bitub bersangiz kifoya, ola ketaman, deb turib oldi. Mana, oʻshanga kelyapti — xayr-xoʻsh uchun kelyapti.
— Kuzatib qoʻyay, shundan shu yoqqa mozor bosib kelibsiz, yurtdan jindek sovg‘a-salomlar qilib beray, ola keting, — deb uvvalo yalindim, iltijolar qildim, koʻnmadi.
— Biz safar kishisi — kelib-ketadurgan odam, Siz qolasiz. Bizdan keyin bir karra surishtirmoqlari bor, shunga yetmay qoʻyaqolsin, dastxat — maktubingiz yetarluv, — dedi issiq jilmayib. Tushungan odamlarning sadag‘asi ketsang arziydi. Ular oʻzi ana shunday — bir boshqacha boʻladilar...

Mayli desa, bir shisha bonkachada omonluq-somonluqqa deb tut terdirib, yana bir shisha bonkachada sumalakmi, halimmi berib yubormoqchi edim. Xolavachchalarimu Marg‘u kennoyimga ilingan edim. Zora og‘zilari tegib, boshlari koʻkka yetsa, deb edim. Unamadi mehmon. Ayniqsa, halim Sulton akamning joni-tani edi!
— Jindek-jindek shakar sepib, bir laganini yeb olsangmi, oh, uning savobiga kim yetsin, ta’mi kelguvsi yilgacha og‘izdan ketmaydi. Dorilomon zamonlar kelsin, yurtga bir halimlar tortaylik, — derdi orzulab. Orzusiga yetolmadi. Orzu qayda, sarhaddan ham oʻtolmay, begona yurtlarda qolib ketdi. «Inshaalloh» demagan ekan, esiz...
— Qalaysiz, mirzo yigit? Kutub qolmadizmi? Uzr, sizni muntazir ettuk! — deb kelib, issiq soʻrashdi. Kaft olib, tirsakdan tutishi, mulozamatlari bir samimiy edi, mutaassir tortib:
— Muntaziri nimasi?! — dedim xijolat aralash,— aeroportga chiqaversam boʻlar edi.
— Rahmat, mirzo yigit. Kutib olib, koʻp mutaassir ettiz. Takalluflarizdan minnatdorman, — dedi u tirsagimni siqib qoʻyib, — Oʻylaymanki, bu soʻnggi koʻrishishimiz emas. Mana, birodar boʻlib qoldik. Alloh xohlasa, bizim diyorlarda-da, koʻrishtirgay.
— Qani edi, qani edi, — dedim samimiyatidan ta’sirlanib.
— Siz sidqidil soʻrayvering, inshaalloh, Oʻzi yetkazgay.
— Rahmat. Oʻziz ham bedarak ketmang. Kelishingiz bilan koʻrishaylik, — dedim.
— Ilohum, ilohum. Koʻrishmoq nasib etsun, — dedi u bag‘riga tortib.

Men uni quchib, yelkalariga bosh qoʻyib, xoʻshlashar ekanman, koʻksiyu yag‘rinlaridan tanish boʻy — safar kishisining boʻyini tuyib, beixtiyor u men uchun azizdan-aziz kishilar — darbadar xolavachchalarim bilan ham mana shunday esonlashuvini koʻz oldimga keltirib, g‘alati boʻlib ketdim. Koʻzlarimga sog‘inch yoshlarimi, nima tepchib, betiga qaray olmay qolgan edim. Koʻksimni koʻksidan uzgim kelmasdi.

U esa, paytdan foydalanib, betini betimga suykab toʻymas ekan, kutilmaganda qulog‘imga shivirlamoqqa boshladi:
— Ataganingiz u bitikni... oʻng kissamga sola bilsangiz — solib qoʻya qoling. U yog‘i Alloh panohiga! Egasiga tekkay, inshaalloh.

Ichimdan bir jimirlov yugurib, xushyor tortdim: nima balo kuzatuvda ekanmizmi? Oldini olyaptimi, har ehtimolga qarshi? Yuragim duk-duk urmoqqayu koʻzim olma-kesak termoqqa tushgan edi. Soʻnggi daqiqada u haq ekanini payqab qoldim: Oʻshal oqqush kabi suzib kelgan oq mashinaning haydovchisi... bizdan koʻzini uzmas, nimadandir g‘ofil qolgisi yoʻq edi.

Shu topda g‘ijinim tutdi: u shoxida yursa, nega biz bargida yurmasligimiz kerak?! Shuni dog‘da qoldirolmasam, nimam pakana pari, deb oʻyladimu...tingchining koʻzlariga qarab turib, nigohini uzgan kezda omonatni mehmonning kissasiga joylab yubordim. Soʻng hech narsa boʻlmagandek mehmon bag‘ridan chiqib, xoʻshlashmoqqa boshladim.

Alloh bunday ikkiyuzlamachi tingchilarning yuzini Oʻzi teskari qilsin. Undan beriga bu toshni-da teshar nazarlardan qutulib boʻladimi ekan! Oʻzi asrasin, avvalo.

Soʻng oq mashinaga dovur kuzatib borib, mehmonimizga oq yoʻl tilar ekanman:
— Xoʻp, omon boring. Siz ila koʻrishtirgan Allohimga beadad shukrlar boʻlsin, — dedim.
— Siz-da yaxshi qoling. Koʻrganumdan beadad mamnunman. Roʻbaroʻ qilaman desa, Oʻziga oson ekan, — deya shukrona bildirdi u va ikki kaftini boshi uzra koʻtarib juftladi: — Xoʻp, Allohning panohiga.
— Birodarlaringizu xesh-aqrabolaringizni Oʻziga topshirdik, — deb eshikni yopdim.

Men aytadiganimni aytib, beradiganimni berib ulgurgan edim. Tingchi tushmagur, hech nimani anglamayin-da qolgan edi. U noiloj mashinasiga oʻt oldirmoqda edi.

Men jondan aziz kishim — Sultonmurod akamga duoi xayrlar ila salom yoʻllab qolganimdan boshim osmonda ekan, turgan yeridan ohista jilib, erka ki-yikdek suzib ketgan mashinadan koʻz uzolmasdim. Ammo shu tob koʻchaning narigi betida, qayrag‘och tagidagi uzun oʻrindiqda oʻtirgan qora koʻzoynakli yolg‘iz kimsaga banogoh koʻzim tushib, yuragim shig‘ etdi. Chap kuragim ustida bir jimirlov yugurib, oʻzimni allaqanday omonat sezib ketdimu qayoqqa yurarimni unutdim. Nazarimda esxonam chiqib, jonim tovonimga tushib ketgan edi. Ana, xolos, arzimagan kuzatuvga buncha esankiramasam? Akamga toʻzim bersin ekan! Yana men oʻzimni kimga mengzab, kimlarga ergasharimni orzulab yuribman?! Yana ularning orqasida kimlarning, himoyachisi boʻlib qolmoqchiman! Bunday paytda bular shoxida yursa, nega biz bargida yurmasligimiz kerak?! Shundagina Alloh asragay-ku, toʻzim bergay-ku. Undan beriga kim mazlumlarning himoyachisiga aylana qolibdi?!

Meni uyat, andesha hissi bosib, sal oʻzimga kelib qolgan edim: uzun zinalardan bir-bir chiqib, mahobatli kollonalar tagi bilan ishxonamiz eshiklari tomon yurdim. Chindan bu eshiklar, bu idora meni har qanday balolardan asrab qoladigandek, boyagidek nigohlarga xorlatib ham, xoʻrlatib ham qoʻymaydigandek edi. Ammo oʻzim avvalo tilimdan pand bermasligim, bilib qadamimni bosishim lozim. Ana shunda Alloh ham asraydi, oʻzim ham uzoqqa bora olaman. Toʻg‘ri, akam boʻlolmasam ham (unga tenglashishga yoʻl boʻlsin!) undan beriroq boʻlmoq mumkin-ku. Oʻz soʻzida mahkam turmoq, boshqalardan bir pog‘ona baland fikrlamoq, hamisha Haqni demoq, Haq tarafida turmoq mumkin-ku. Undan beriga bu dargohlarda nima bor?

Men shunday oʻylar bilan oʻz qavatimga koʻtarilishga koʻtarildim-u, eshikka kalit solgan joyimda xayolimga tamomila boshqa fikr urilib, peshonamni muzdek ter bosdi:

«Haydovchisi sezmagan taqdirda ham... boshqa birovi koʻrmadimikan? Yoʻldayoq toʻxtatib tintishsa-chi?»

Bu fikrdan esim teskari boʻlib ketayozgan edi.

Balki toʻxtatib ulgurishgan hamdir?.. Men nimaga ishonib unday xat bitib bera qoldim? Tuzoqqa tushirishdi, desang-chi! Yaxshi ham Sutchi bergan oʻgirmani qoʻshmaganim!.. Mavridi kelar, berarman ham, fikrini bilarman ham...

Xonamga qanday kirib bordim, oyoqlarimdan mador qochib, qay oʻrindiqqa choʻkdim, qancha oʻtirib qoldim — bilmasdim. Xayolim toʻzib ketgan, koʻz oldimdan oʻsha mashinadayoq ikki yog‘idan ikki odam kirib tintuvga olgan xorijlik mehmonimiz ketmasdi. Shayton meni ne kuydan olib, ne kuyga solar, oʻzimga kelolmas, qilgan ishimdan mantiq izlardim-u, oʻzimni oqlaydigan bir narsa topolmasdim. Axiyri boshim qotib, deraza oldiga borsam, oʻsha yolg‘iz qayrag‘och tagidagi uzun oʻrindiqda... kim oʻtiribdi deng?! Qora koʻzoynagini qoʻliga olib, yo darig‘, tepadan aniq-taniq koʻrdim, koʻzi ojiz — soʻqir odam oʻtiribdi!..

Ana vasvasayu mana vasvasa! Shayton ekan-ku! Nauzanbilloh, boʻsh kelsang u qay kuylarga solmaydi, kishini...

Derazadan urgan shabadadan oʻzimga kelib, yengil tortgan joyimda eshik ochilib birov kirdi. Oʻgirilib, bir qavat yuqoridagi «Ayollar saltanati»1da ishlaydigan «jannati hamkasbimiz»ni koʻrib iljaydim. Mana buni yaxshilikka fol olsa mumkin edi.
— E, keling, «Saodat asri»dan tushgan akam, — deya beg‘araz hazillashdim.
— Huri aynlardan salom, — dedi u ham kaftini kaftimga tashlab.
— Nechuk-nechuk, ertamatan yoʻqlab qopsiz? — dedim farg‘onacha tegishib.
— Shu qavatda tili bir shirin, soʻzi bir oʻtkir yigit bor. Uni bizga torting. Biz uchunam bir narsalar bitib bersin, deyaptilar opa.
— Yoʻg‘-e! Men sizlarbop silliq narsalar yoza olarkanmanmi? — dedim hayratga tushib.
— Oʻtiring-oʻtiring, avval eshiting, — dedi hamkasbim meni joyimga choʻkishga undab.

Biz uzun oromkursiga oʻtira qoldik. U bilagimdan tutib, jilmaydi:
— Xuddi oʻsha silliq narsalar me’daga tegib, Sizni, Sizga oʻxshaganlarni yoʻqlatayaptilar. Yordamiz kerak, oshna.
— Meni bilasiz, unaqa tezotarlardan emasman. Yozsam og‘riq narsalarni, jondan oʻtganlarini yozaman. Har kimga ham yoqavermaydi, — dedim haqiga koʻchib.

U bosh silkidi:
— Xuddi oʻshanaqasi kerak. Oʻzlari aytdilar: nima, hayotimiz shunchalar silliq, toʻkismi? Koʻngli yarimta oʻksiklar kammi? Judoliklarimiz haqida kim yozadi? Armonlarimiz haqida-chi, dedilar. Eshityapsizmi, oʻzlari aytdilar.

Ammo yozib bergan taqdirimda ham bosmasliklarini bilib, gajirligim tutib kelmoqda edi.
— Nechuk oʻzlari boshlab bera qolmabdilar? Yozaman desalar armonlaridan qog‘oz beti kuygay-ku, — dedim.
— Bilmadim, balki oʻzlariga noqulaydir. Harqalay, opa degan nomlari bor, — dedi boʻshashibroq.

Men toʻnimni teskari kiyib ulgurgan edim. Qolaversa, boyagi koʻngli yarimta oʻksiklar haqida gap ketgandayoq tamom boʻlgandim. Kennoyimu akamning hijron toʻla tarixlari yodimga tushib ketib, alamimmi — nimam toʻlib bormoqda edi. Men undan boʻlak nimani ham yoza olar edim?! Ammo bu tarixni, nainki diyoridan, xeshu aqrabolaridan ayrilgan, hatto shar’an nikohidagi yostiqdoshidan judo boʻlgan bu darbadarlar qissasini kim ham bosib chiqargay? Opa tugul boshqasi bir chimdimini e’lon qila olarmikan?

Oʻzlari-chi? Oʻzlarini tul qoldirgan jamiyat, tuzum haqida yolg‘iz yostiqdan boʻlak kimga og‘iz ocha olar ekanlar1? U sir-asrorlari, ichga yutgan zardoblari haqda miq etmay kelyaptilar-ku oʻzlari?! Shu miq etmaganlari evaziga Opa boʻlib oʻtiribdilar-ku, toʻrda yuribdilar-ku! Ammo buni ayta oladilarmi, ocha oladilarmi yuraklarini? Hayot — mana shunaqa beshafqat! Xohla, ichga yutu zulm mashinasining bir murvati, parragiga aylan! Xohla, boshni tikib, toʻg‘risidan qaytma! Qay biri boqiylik keltiradi — oʻzing bilib olaver, tanlab olaver! Hayot shunaqa — chidaganga chiqargan! Uning imtihonidan Allohga xush keladirgan biron ish qila olgan kishidan boʻlak kim ham oʻta olibdi?..

U kishi esa, jamiyat in’om etgan kursiyu toʻrlardan kecha olmay nimani boy berayotganlarini bilarmikanlar?..
— Yoʻq. Birodar, va’da qilolmayman. Unday narsani yozishga hozir kayfiyatim yoʻqroq, — dedim yotig‘i bilan. Aftidan uni ayab, ochig‘iga koʻchmayotgan edim.

«Ayollar saltanati»dan tushgan hamkasbim esa, meni tushuna qolmay oʻtina boshlagan edi:
— Mayli, bir haftacha kutay. Oʻziz bir narsa qoralab bera qoling.

Men uning koʻziga qaramayin ham bosh chayqadim:
— Iloji yoʻq, kayfiyatim boʻlmasa, biron satr ham... bita olmayman, — dedim hamon chiniga koʻcha qolmay.
— Nima boʻldi, uyizda xotirjamlik yoʻqmi yo bu yerdami? — dedi u oʻzini yaqin tutib.

Men oʻsha ichimga sig‘dirolmayotgan narsani qayta ichimga yuta qolmay, oʻrnimdan turib, deraza tomon yurdim:
— Bizniyam bir oʻksik, koʻngli yarimta kennoyimiz borlar, — dedim unga qaray olmay, negadir koʻzim namlanib, ovozim ham oʻzgarib kelmoqda edi, — Shu kishiga boʻlisholmaganimizdan...
— Qanaqa yordam kerak, siz yashirmay aytavering. Opaning dastlari uzun. Hammaga birdek qayishadigan odatlari bor, — u turib yonimga kelib olgan, yelkamga qoʻlini qoʻyib, oʻziga elatmoqchi boʻlar edi.

Men koʻnglim yumshab kelib, qanday jin aylantirdi, yorilib qoʻyibman. Esimni yig‘ib olganimda kech edi, sirni ochib qoʻyganimdan oʻzim pushaymon edim.
— Shoshmang, buning davosi bor-ku. Oʻziz ham uni koʻrgansiz! — deb yelkamga qoqdi.
— Qachon, kimni aytayapsiz? — dedim hech narsaga tushuna olmay.
— Oʻsha yamoqchini-da. Anuv hovlidagi tutning tagida oʻtiradigan-chi? Aron amaki?..
— Xoʻsh, bunga uning nima dahli bor? — dedim hayronligim battar ortib.
— Xuddi oʻshandan eshitganman bu narsani. Siz xoʻp deyavering!
— Yamoqchidan-a? Gapingiz qiziq, — dedim yana qaytarib.
— Siz avval eshiting, — deb tirsagimdan tutganicha oʻziga qaratdi. — Xuddi oʻsha odam Arpapoyadagi mashhur juhud tabibning akasi boʻlardi, bildiz?

Arpapoyalik tabibning nomini eshitib, joyimda turolmay qoldim:
— Hozir qaerda ekan oʻzi?
— E, u allaqachon Amerikasiga jilvorgan. Men uning akasidan eshitganman. Keyin oʻzi ham oʻsha yoqqa survordi shekilli, koʻrinmay qoldi.
— Topsa boʻladigan narsami oʻzi? — dedim azza-bazza umidlanib. Mashhur tabibning akasi boʻlsa, bir narsani bilsa kerak, axir.

Hamkasbim yuzimga boqib:
— Agar sir boʻlmasa, oʻsha narsa yangi boshlanganmi, — dedi,— oʻtkazvormaganmisizlar?

Men tushunmadim:
— Nimani... oʻtkazib yuboriladi?

U oʻng‘aysizlanib, tushuntirishga oʻrindi:
— Oʻsha oqlar-da... Agar osti qizg‘ishlanib, tuklari oqara boshlamagan boʻlsa...
— Unisiga... e’tibor bermabmiz, nima edi? — dedim ichim dukurlab.

U yana boyagindek oʻng‘aysizlanib, yamlandi:
— Xudo asrasinu... oʻshanday boʻlsa... dori kor qilmas emish.

Men uni endi anglab, ichim bir zil ketdi:
— Yoʻg‘-e, bu gap chiqqaniga... qancha boʻla qopti?! Bilaklariyu chakkalarida, xolos, — dedim titranib.
— Unda urinib koʻringlar, em boʻlsa zora...

Men «U nima, oti bormi, jonivorni? deb soʻragim bor-u, qani, tilim aylana qolsa, u jonivor toʻng qotganga oʻxshar edi. Oʻzimni esa, ichim tushib bormoqda.

U mening holimni koʻrib, javobga oshiqdi:
— Bu narsaga norasida goʻdakning peshobi... lozimmish. Undan beriga tuzalmasmish!

Ana xolos!.. Bu gapni eshitib, boshim ikki aylanib ketdiyov! Tovonimdan koʻtarilgan bir jimirlov boshimga dovur yetib borgan, peshonamdan esa, muzdek ter chiqib ketgan edi.

Ichimdagi soʻz esa tilim uchiga kela qolmasdi...
— Oʻsha narsa halol ekanmi? Bilib aytayapsizmi?— deb yuborman axiyri.

Vajohatim ham bir boshqacha edimi, u bir qadam tisarilib ketgan edi:
— Uzr, birodar, bu yog‘ini soʻramagan ekanman. Oʻlay agar, bu yotini oʻylagan boʻlsam, surisi tirgan boʻl-sam... — U azza-bazza qoʻlini koʻksiga bosib, qayta-qayta uzr soʻrardi, —Men azbaroyi yaxshilik soginganimdan ayta qoluvdim. Norasida bolaniki ekan-ku... balki mumkindir degan edim...

Men jig‘i-biyronim chiqib: «Qanaqasiga mumkin boʻlsin, u najas-ku, harom-ku, shuniyam bilmaysizmi? Boshqa halol chorasi bordir! Qanaqa musulmonsiz?!» degim kelar-u, tashimga chiqarolmasdim.

Rosti, bu holimizdan yig‘lagim kelar edi: shunchalar ham koʻr, omi boʻlamizmi? Shariatimizni, nima halol, nima haromligini bilmaymizmi? Bedavo silni tuzatarkan deb, ota-bobolarimiz og‘izga olmagan narsalarni tanovul qilsak?! Halqumni oʻylamasak, qiyomatdagi soʻrog‘idan qoʻrqmasak — qayoqqa qarab ketmoqdamiz? Endi peshob chiqibdimi?!.1

Hamma qolib, men shu narsani oʻsha mushfiqaga ravo koʻrar ekanmanmi?! Shuncha asrab-avaylab-a? Bordir Xudoyimning boshqa bir yozgani?! Kennoyijonimga atagan shifosi!2

Yaxshilik sog‘ingan yana bir kishi yoxud Toʻram tadbir izlaydilar

— Amaqu biz kelub edik.

Shu bir og‘iz soʻzdan jonu jahonim yorishib ketgan edi.
— Yodgor, oʻzingmi?! Men hozir, — dedimu apil-tapil otlanishga tushdim.

Mehmonni kuzatganim ham bir boʻldi, Opaning iltimosi bilan tushgan hamkasbimning maslahati ham. Mehmon mujdaxatni olib, joʻnab ketganida ichim bir uzilgan edi, hamkasbimning maslahatidan battar ezildim. Boringki, oʻsha narsa (avvalo, oʻzim ikki dunyoda rozimasman!) davo boʻlgan taqdirda ham men uni kennoyimga ayta olar ekanmanmi?! Birov orqali ham ayttirmasman! Bu gap zinhor mendan chiqmasligi kerak. Keyin betlariga qanday qarayman?..

Nechta zinani bitta qilib, uchib tushib borsam, ular ona-bola koʻchaning narigi betidagi qoʻsh qayrag‘och tagida allaqanday begonasirab (xuddi musofirlardek javdirab!) turishibdi... Koʻrgandan ichim bir uvishdi. Yaxshiyam biron topshiriq bilan ketib qolmaganim! Axir ular kelishmoqchi, birga-birga Toʻram taqsirning oldilariga oʻtmoqchi edik-ku. Oʻzim aytib, oʻzim unutib oʻtirsam...

Chindan Xudo hafiz. Uning Oʻzi meni uyatga qolishdan asragan edi.

Men ularni bir qarashdayoq tanigan edim. Hamisha har narsaga mahliyo boʻlib qolaverguchi Yodgor teatr binosi peshtoqlaridan koʻz uzolmas, och simobrang shoyi roʻmollariga oʻranib olgan kennoyim esa, yolg‘izginasining kiftlarini qoqib, yoqasini toʻg‘rilar va qulog‘iga shivirlab, bir nimalarni uqdirar edilar. Hammadan g‘aroyibi — u mushfiqa shaharga necha yilda bir tushib qoladigan koʻhlikdan-koʻhlik qishloq kelinlariga oʻxshab, oʻtkinchilardan ajrab turar, unga qaragan ham qarar, qaramagan ham qarar, bunga sayin u oʻng‘aysizlanib, qisinib borar edi.

Boyaqishgina, muncha begonasiramasa, qisinavermasa?.. Axir kecha kelgani yoʻq-ku bu diyor, bu shaharga? Shu yerga kelib topgan tirnog‘i er yetib qopti-ku, haliga dovur qimtinadi, qovushib ketolmaydi. Shu oʻylardan ichim sidirilib, bu tarix, bu tavorixlar koʻksimda alamangiz bir qoʻzg‘olon yasab borarkan, mijjalarim orasidan qaynoq yoshmi-nima sizib chiqmoqqa urinar, koʻchani kesib oʻtmoqqa ham holim qolmagandek edi.

Kennoyim oʻziga qaragan har kimsadan bir xijolatlarga botib, roʻmolini peshonasiga tushirishgayu boʻynilarini qayta oʻrashga tutinar ekan, men unga achiniblar bormoqda edim. Tag‘inam fil ekan! Bu balolar tog‘ga yog‘ilsa, tog‘ chidamasdi. U chidab kelyapti...

Men jahd bilan qanday oʻtib borganimniyu suyib salom berganimni oʻzim sezmay qolgan edim:
— Assalomu alaykum, kennoyijon. Uzr, kutdirib qoʻydim. Qiynalmay yetib keldinglarmi?
— Voy, yaxshimusiz? Koʻrmay ham qolubmiz. — U xijolatga botib tushuntirmoqqa urinarkan, hatto mendan-da qisinib-qimtinar edi, — Yodgorum shoshiraverub, el-burutdan kelaverubmiz.
— Ajab qipsizlar-da. Boʻlmasa, men ichim qurib kutib oʻtirardim, — deya Yodgorni yelkasidan quchib, erkalab qoʻydim, — Ketdikmi, doʻnantoy?

U erib, bosh silkidi:
— Nimada boramuz, amaqu? Uchar tramvaylarga chiqamizmu, shohli moshinlarga tushamizmu? — deb elanishga tushdi.
— Mening vaqtim ziq, taksi tutaqolamiz. Gʻizza tashlab qoʻyadi, yura qolinglar, — deb yoʻl yoqasiga boshlayverdim.

Ammo kennoyim iymangancha hamon mahtal tortib turar, joylaridan jila qolmas edilar. Men nima gapligini bilolmay, u kishiga qaradim:
— Tez borsak, tez qaytamiz, yura qoling.
— Mehmoniz borakan... qutulmagan boʻlsayiz... kutaturayluk. Saidaxon aytuvdila...

Men elchining isini ham chiqarmoqchi emasdim. (Axir soʻz berganman!) Saida qayoqdan ayta qolibdi?.. Alamimni ichimga yutib, xas-poʻshlashga urindim:
— Hoʻ, u kishini, allaqachon joʻnatib yubordim-ku. Saida nimani biladi, — dedim sir boy bermay. Ammo oʻzim ichim poʻkillab, ishqilib, elchi kimning nomidan kelganini soʻramasin-da der edim. Keyin: «Xizmatchilik — bizni ishda uzoq ketib boʻlmaydi, ketdik-ketdik...»lab shoshirdim.

U kishi noiloj ergasharkanlar, Yodgor yonimdan qolmay qoʻltig‘imga yopishib olgan, shu tobda savol xaltasi ochilib ketib, bir nimalarni shipshib, ijikilar edi:
— Amaqu-amaqu, rostdan Toʻra buvamlarnukiga ketopmizmu? Oʻshalarnukiga boramizmu?
— Boʻlmasa-chi, Toshkandi azimda u kishidan zoʻri bormi, tabiblarning dodaxoʻjasi oʻsha kishi-ku, — dedim shivirlab.
— Shahar hovlularidamukanlar? — dedi u javdirab ham toʻxtab.— Tannovga ketvorgan boʻlsalar-chu?..
— Qanaqa Tannov? — men hayron qolgan edim.
— Bog‘lari-chu?! Topolmasak, oʻshaqqa chiqib boravuramizamu? Men bilaman, oborganlar menu.
— Yoʻq, og‘ayni. U yoqlarga chiqib yurishga... vaqt qani?! Sen yaxshi niyat qil, shu yerdan topaylik, — dedim uni yana ilgari boshlab. Oʻzim esa, yoʻl qarab, bir yangiroq markab tutish g‘amidaman. Hamonki, kennoyimu Yodgor demaganlarni shahar aylantirib, tabib buvanikiga olib bormoqchi ekanman, Yodgor keyin ham og‘zidan qoʻymay gapirib yuradigan hilidan tutganim ma’qul.

Axiyri qayrilishda erka kiyikdayin yilt yangi moshin koʻrinib, men «bizni ola keting» degandek ishora berib, chiqib boraverdim. U ham «xoja»sidan qutulib chiqqani ekan, yonginamga kelib toʻxtadi.
— Sevzorga tashlab qoʻyolasizmi?

U «marhamat» ishorasini berib, bosh silkidi:
— Faqat tezroq, hali burib olishim kerak.

Ana xolos! Sazasi oʻlmasin deb, toʻxtagan ekan-ku! Men uyat ichida qolgan edim. Ammo har nima boʻlganda ham «erka kiyik»ni qoʻldan chiqarib boʻlmasdi. Biz shosha-pisha chiqib, u jildi.

Mashina biz kutgandan ham a’lo edi: «Vazirlar ham oʻz huzurlarini bilishmas ekan-a!»

Ammo hozir biz qaysi vazirdan kam edik?! Ayniqsa, orqa oʻrindiqda g‘ir-g‘ir shamollarga yuz tutib, atrofdan koʻz uzmay borayotgan Yodgorning boshi osmonda edi. Old koʻzguga sekin zingil tashlasam... oq shoyi roʻmollariga yana ham oʻranib olgan kennoyim har qachongidan sipo tortib oʻtiribdilar. Faqat Yodgortoylarining yayrab boruvidan mutaassirlanib ketyaptilar-u, shuni ham sir boy bergilari kelmaydi. Shunga-da, shukr: «Qoʻying, biz bu xil moshinlarga tushmay qoʻya qolayluk», desalar — nima qilardim? Albatta, birdamas-birda akamga soʻz berib qoʻygan boʻlsalar, koʻrgan koʻzga yaxshimas. Lekin hozir... men borman, Yodgor yonimizda. Biz mahram hisobiga oʻtsak kerak, axir?

Nazarimda u kishi undan beriga bu xil moshinlarga chiqmaydigandek edilar...

Ishqilib safarimiz xayrli chiqsin. Hamma umid Toʻra buvadan. U kishining yengil qoʻllari bilan koshki bu balo daf boʻlib, sal chiroylari ochilsa.

Asli men ularni Saidaga qoʻshib, bu yoqlarga alohida optushish niyatlarim bor. Ha-ha, kechki salqin bilan shu Qizil Maydonga optushib bir sayr qildirsam, ular ham boshqalarga oʻxshab, anhor boʻylarida bir kezishsa, ochiq muzqaymoqxonalarda oʻtirib, favvoralar atrofida salqinlab, xumordan chiqishsa, deyman-u, aytishga hech jur’at qilolmay kelyapman. Qani edi, soʻng Oʻrda koʻprigidan tramvayga oʻtirib, teatr maydoniga qaytsak-da, jindek tamaddi qilib, oqshom choʻkishi bilan teatrga olib tushsam, uning bir-biridan muhtasham zollarini aylantirib tomosha qildirsam, bir umr eslab yurishar edi.

Ammo akam qaytmagunicha... bu mumkinmikan? Rozi boʻladilarmikan, kennoyim?..

«Erka kiyik» aytgan yerimizga eltib ulgurgan edi. Biz noiloj taxtiravondan tushib, tanish darvozaga qarab yurarkanmiz, kennoyim allaqanday tipirchilab qolgan edilar. Ming bir andeshalarga borib, xijolatga tushadilarmi-ey. Oʻzlariga qolsa, kirmay qoʻya qolsalar.

Shu topda u kishini hech tushuna olmasdim.
— Nimadan tortinasiz? Xeshdan a’lo, jigardan yaqin kishimiz boʻlsalar, — dedim.
— Yura qolung. Shundan-shu yoqqa kelduk-ku, — deb qistab-yalindi Yodgor ham. — Endi koʻropsizmu? Biladilar-ku biznu?
— Biladular, oʻg‘lum. Lekin g‘alatu-da, — deya iymanar edilar.
— Sizni bilsalar, bizni bilsalar, akamni tanisalar — nimadan xijolatlanasiz? — dedim.

U kishi ikki odim yurib, yana toʻxtadilar:
— Har gal... tashvishimiznu koʻtarub kelaversak... noqulay-da, Maqsudxoʻja?...
— Odamlar bu kishiga yetolmaydi-ku...

Ammo u kishi hamon oʻtinar edilar:
— Sizlar kiraturinglar...
— Oyu, tabub-tabub dedingiz, kelsak — kir- maysuz, — deb Yodgor oʻtindi. — Boʻlak kimga boramuz?

Kennoyim noiloj ergashgan boʻldilar:
— Maylu, faqat men ichkaruda oʻtira turay?..

U kishining oʻzlarini bunday tutishlari, Toʻramga koʻrinishdan tortinishlari juda-juda g‘alati ham tushunarsiz edi. Shuncha joydan kelganda nega aynib qoldilar? Nimadan tortinyaptilar? Oʻsha nomi xunuk narsa tufaylimi?

Toʻg‘ri, har kim oʻzidan oʻtganini oʻzi biladi. Lekin kimgadir yorilish, suyanish kerak-ku. Yo yuraklari betlamayaptimi, avvalam panohlariga olgan, padardan ham yaqin boʻlib qolgan kishiga koʻrinishga?

Unday desam, tangritog‘lik qochgan-quvgan musofirlarning, diyoridan uzoq tushganlarning tayanchiyu suyanchi kim ekan, u kishi boʻlmay?

Koʻnmay iloj qancha:
— Mayli, siz ichkarida boʻla turing, — deb Yodgor bilan darvoza bolachasini ochib, chaqirib kirib boraverdik.

Valloh, valloh, hovlida «Hayt!» deydigan odam topilmaganidan yolg‘iz balx tuti ustini chumchuqlar galasi shunday bosgan, ular bearmon bozor qilib yotishar ediki, darvozaxona yonidagi hujradan taralayotgan qori bolaning ovozini-da yutib yuborgan edilar. Ikki yelkasi ikki yonga salom bergancha past-baland tushib yurguvchi eshik og‘asi qayoqqa gum boʻlibdi, koʻrinmasdi.

Biz kirishimiz bilan gala guv koʻtarilib, hovli tinchidi-qoldiyu, ammo tut tagi bilan bitta boʻlib marvariddek oqargan mevachalari qolgan edi. Ularni bosib ham, aylanib oʻtib ham boʻlmas edi.
— Vuy, hiduni, asalnu oʻzi-ku! — Yodgor iltifot kutmayin ham ularni terib, og‘ziga solmoqqa tushgan edi, kennoyim ostonadan oʻtiboq:
— Voy, hoy, uyat-a! — deya qoʻllarini yuzga bosgancha qoldilar.
— Nimasu uyat, oyu? Tut-ku bu?
— Soʻramay-netmay yeb boʻladumu, qoʻy.

Shu tob yon tarafda oʻrangan ayol kishi qorasi koʻrinib, u kelib kennoyim bilan koʻrisha boshladiyu hujradan Yodgor tengi qori bola chiqib, qoʻlini koʻksiga qoʻydi-da, salom berdi. Soʻng:
— Kelingiz, opoqdodamizga boʻlsa, jindek kutaturasiz,— deya qadimiy chorburchak g‘isht yotqizilgan yoʻlkadan boshlay ketdi.

Sipogina bolaning muomalasiga mahliyo qolgan Yodgor ham tutni qoʻyib, bizga ergashgan edi. Toʻra buvaning oldilariga xos yumush bilan kelganimiz uchun ham qori bolaga tushuntirgan boʻldim:
— Eshikda ulov koʻrinuvdi, oldilarida odam boʻlsa, sizlarga-da kuta turaylik.

U qoʻli koʻksida, bosh silkidi:
— Yaxshu-yaxshu, joy yetarlu.

Ammo Toʻramning oʻsha tepadagi xos hujralari oldidan oʻtar ekanmiz, uning qiya ochiq eshigidan juda tanish ovoz eshitib titrab ketdim. Ichkaridagi odam:
— Shunaqa, taqsir, oʻziz bir davosini qilmasangiz, boyaqish ich-etini yeb ado boʻlyapti. Xudo xayringizni bersin, — deb oʻchinar edi.

Yo tavba, Olim akammi?!. Kimni aytyapti?!

Oʻgirilgunimcha boʻlmay Yodgor yugurgilab kelib, tirsagimdan tutdi:
— Amaqu, qarang, katta amaqumlamu?

Men hayratda qolgan edim:
— Koʻchadagi moshin u kishiniki emas shekilli? — dedim shivirlab.
— Ularnukimas, lekin ovozlarinu... eshittizmu?

Oʻziz qarang... koʻrung, — deb qistardi Yodgor.

Bizning shivir-shivirimizga tushuna olmay yondosh xona ostonasida toʻxtagan qori bolaga oʻgirildim:
— Balki Toʻram taqsirga aytib boqarsiz? Sultonmurod boturizning xeshlari kelishibdi deb, — daf’atan tilimga kelgan gapdan oʻzim ham hayron qolgan edim.

Qori bola bu tarixning bir chekasini eshitgan shekilli, yalt etib yuzimga qaradi:
— Chindan-a?
— Chindan-chindan. Toʻram biladilar, ziyoratlariga ilgariyam kelganmiz, — dedim shivirlab.
— Biz koʻrmay qolgan ekanmiz-da, — dedi u bolaligiga borib.

Men borib, yelkasiga qoqdim:
— Siz huv anuv boloxonada Allohning kalomini yodlab yotgan kezlariz... kelganmiz. U yerdan bir chiroyli qiroatlar taralardi, bilsangiz, — dedim qulog‘iga.

U iymanib, yerga qaradi:
— Biz emas, Orif doʻstimiz tilovat qilar edi, biz uning usulini oʻrganar edik, — dedi chiniga koʻchib.

Men uning aziz boshini siladim:
— Oʻsha usul, oʻsha ovozni qaytib eshitmadim. Xudo xohlasa, oʻzizdan ham bir eshitamiz. Boʻptimi?..

U uyalib bosh silkidiyu, keyin turgan yeridan chaqqon burilib, Toʻramning hujralari tomon chopdi va ostonadanoq ovoza qildi:
— Buva, bilasizmi, kim keptu?! Sultonmurod boturizzi xeshlari kelishuptu!..

Shu barobar eshik lang ochilib qadimgi oq ruh karavotda yarim yonboshlagan Toʻram taqsir koʻrindilaru biz shoshib qoldik. U kishining bir chiroyli kuzalgan oppoq soqollari oʻzlariga yarashib tushgan boʻlsa-da, yuzlarida allaqanday dard asari ham koʻrinib turgandek edi.
— Ie, taqsir betobmidilar? Aytmaysizlaram?!— deb yukinib kira boshladim.

U kishiga toʻrdagi darcha tagidan joy qilib berishgan, Olim akam esa dasturxon tuzalgan kursi yoniga tiz bukkancha oʻltirar edi. U qori bolaning soʻzidan hayratga tushib, oʻgirilgan joyida koʻzi menga tushdiyu:
— Ie, chindanam, mirzo-ku, xolavachchamiz-ku, — deb tura boshladi va Yodgorni koʻrib, kalovlanib qoldi.

Men uning boyagi soʻzlaridan endi bir narsalarni anglagandek boʻlar edim-u, ammo bir toʻxtamga kela olmasdim: nechuk hech kimga maslahat solmay kelaveribdi?..

Endi ularni mahtal qilib boʻlmasdi. Men yoʻlakay Olim akam bilan soʻrashib, Toʻra buvaning yonlariga oʻtaverdim.
— Assalomu alaykum, imom buva. Bahay-bahay, biz eshitmabmiz-ku. — deb yukinib borib, tiz bukdimu qoʻllarini olib oʻpib, yuzlarimga surta ketdim. Ajab, sariq baxmaldan ham yumshoq, momiqdan ham mayin bu qoʻl muzdek edi. Lekin shu muzdek kaftdan mushk-anbar boʻylariga oʻxshash bir boʻy taralar edi. Uni oʻpib, yuzlarimga surtar ekanman, oʻzimda yoʻq huzur topardim, tavba. U kishi ham bundan mutaassirlanib, peshonayu qansharlarimni asta silar:
— Va alaykum, mirzo, va alaykum, — deb shivirlar, — bu tong-sahar koʻz oʻngimdan oʻtuvdingiz, Siz ham, toyim ham — koʻrsatganiga shukr, sog‘inganlarimni olib kelibsiz, baraka toping, Allohdan qaytsun,— der edilar.

Bunga sari men u kishining bag‘rilariga singib ketgim kelar, hech jilmasam derdim. Shu orada u kishi engahlarini sal koʻtarib, nigohlari ila Yodgornimi, kimnidir izlayotganlariga koʻzim tushib qoldiyu joy boʻshatishga oshiqdim. Ana shunda u kishining bir burda yuzlariga oftob tushgandayin mamnunlik yugurmoqqa boshlagan edi.

Soʻng xastahol ovozda chorlab:
— Voy, toyim-toyim. Gʻunan toyim, doʻnan toyim. Bunaqa sog‘intirishga kelishmagan edik-ku, — deya oʻpkalamoqqami, erkalamoqqa tushdilar-da, boshlarini silagancha duoga berildilar:
— Ilo-oy, yetimlarning murabbiysi Oʻzingsan, orqamizda qoladigan bu mahbublarimizning ham umrini chiroyli qil. Ota-onalariga toʻzim ber. Ularni Oʻzing yana qovushtirib, judoliklariga chek qoʻy. Shu norasida bandang haqqi ularga roʻshnolik ato et.

Mijjalaridagi ikki tomchi yoshga koʻzim tushib, ichim allatovur sidirildi. Oʻzim chetga qarab olgan, ammo koʻz oldimdan Toʻramning nurli siymolari, qu-loqlarining yumshog‘iga dovur tutashib borgan qor- day oppoq soqollariyu mijjalaridagi ikki tomchi yosh nari ketmasdi. U kishi uzib-uzib, duoda davom etardilar.
— Oʻzingga oson. Mujohidlaringni bu dunyoyu u dunyosini chiroyli et. Shu jumladan boturlarimni ham, biznikini ham...

Keyin uning peshonasini silagancha, jim qoldilar.

Olim akamning issiq nafasi qulog‘imga urilib, oʻzimga keldim.
— Taqsirni toliqtirib qoʻymay chiqa qolaylik, nima deding?

Men uning yuziga hayron termuldim.

Olim akam oʻsha-oʻsha shipshir edi:
— Yaqinda tig‘ ostidan chiqibdilar. Boshqa gal kelarmiz.
— Mayli, — dedim noiloj.

Ammo shu on u kishi niyatimizni sezib qolib, bizni qistay ketdilar:
— Oʻtiringiz-oʻtiringiz. Nima boʻldi, mirzom, kelmasdan turib olibsizlar?

Mening oʻrnimga ham Olim akam qoʻl qovushtirib, izn soʻramoqqa boshlagan edi, u kishi bosh saraklatib zinhor koʻnmadilar:
— Yoʻq-yoʻq, bu azizlarimga javob yoʻq. Men bularni oʻzim sog‘inib yotib edim. Sizga esa, xizmat boʻlmasa, bir yumush bor.
— Jonim bilan, buyuring, — deb akam qayta tiz bukib, yana qoʻl qovushtirdi.

U kishi Yodgorni bag‘rilaridan boʻshatmay turib, nimagadir ishora etdilar:
— Haligi «anqoning urug‘i»ni u kishimdan soʻramay qoʻya qoling. Emiga tushmay yurmasin. Soʻrashga arzigulik boshqa bir beg‘ubor odam bor.
— Bir og‘iz soʻziz, kim? — dedi akam.
— Koʻp yaxshi, pokiza odam. Oʻsha muftiy janoblariga noib. Mirzakarimboy avlodidan, eshitgan chiqarsiz.
— Ie, Mirzamurod akami? — dedi akam.
— Duoi salomimni yetkazsangiz, bizni diyorlarda otliqqa ham topilmaydurgan zamzamni ana shu kishidan topgaysiz, Xudo xohlasa...

«Voh, izlayotgan narsalari shu ekanmi?! Bor ekan-ku shifosi?!» derdim ichim toshib. Akam esa, choʻk tushgan holida kamiga ta’zimga egilgan koʻyi:
— Rahmat, Toʻra buvajon, rahmat. Bizdan qaytmasa, Allohdan qaytsin, Alloh Oʻzi sizni qoʻllasin, — deb yukinar edi. Bu juda-juda g‘alati edi. Iltijosi ham, iltimosi ham...
— Olib kelsangiz, keyin oʻzim, albatta, dam urib bergayman. Inshaalloh, san koʻr, man koʻr boʻlib ketgay, — dedilar u kishi. Ana shunda Olim akam:
— Baraka toping, Alloh nafasizzi bundanam oʻtkur etsin. Oʻzi sizga ham shifoi komillar bersin, — deya turib, qoʻl qovushtirgancha orti bilan yurib, kovshandozga tusharkan, Yodgor ham, men ham hangu mang qolgandik: kim-kim, qarshimizda bizdan avvalroq otini qamchilagan va kennoyimga yaxshilik sog‘ingan yana bir odam turar edi.

Shu tob Toʻram qoʻllarini koʻtarib, unga shoshmang imosini qildilar:
— Ilojini qilsangiz, idoraga oʻting. Hojimni oʻsha yerdan topasiz, — deb turib, yumshoq jilmaydilar. — Shu bugun ola kelsangiz nur ustiga a’lo nur boʻlib, kelinimizni ham quruq qaytarmasdik.

Ana xolos!.. Bu karomatga nima demoq mumkin?!. Yodgor ikkimiz ham yoqa ushlagancha qolgan edik. Biz mayli, kelishimiz xovflarida ma’lum boʻpti! Ammo kennoyimni qayoqdan bildilar, hech aql bovar qilmasdi.

Qora darveshning iltifoti (Hikoyachiga qorong‘u, yolg‘iz muallifga ayon tarixlardan)

«...Hayyalal falah! Hayyalal falah!»
— Sohib, azon chaqirishadir.

U oʻziga kelib, oʻgirilib qaradi. Xizmatchi «namozga chiqqaysizmi?» degan kabi ostonada turar edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam masjidlari tomondan esa, azonning soʻnggi kalimalari yangrab kelmoqda edi: «La-a ilaha illallo-oh!»

U afsus-nadomatga tushib, yomon ezildi. Soʻnggi necha yil badalida u asr jamoatidan benasib qolmoqda edi. Hamma — hamma bilan, u oʻzidan tinchigan bir odam... kuppa-kunduzi asr jamoatiga yetisholmagan, osmon maloikalari almashinib, Tangri taolo huzuriga qaytadigan va ul Zotning «bandim ne bilan mash¬g‘ul?» degan soʻrog‘iga «jamoatda ibodat ila mashg‘ul» javobi beriladigan kezda... u bu martaba — Alloh dargohida munosib eslanishdan benasib qolmoqda edi. Xayoli nimalarga qochdi? Shayton yozg‘irmasa, jamoatga allaqachon yetib borgay edi-ku, emaklab boʻlsa-da, yetib bormoq kerak edi-ku!..

U quloq yumshoqlariga dovur lovullab, oʻrnidan turarkan, yoʻlakay xizmatchiga xijolatomuz nigoh tashlab:
— Qara-chi, yana kim bor ekan, jamoat savobidan bebahra qolmasduk, hali ham boʻlsa, — deya tahorat yangilashga shoshildi.

Alloh oʻzi mehribon, qoʻshni doʻkon xizmatchisi ham doʻkonni yopib ulgurmagan ekan, u ham kirib, takbir tushirdilar. Payg‘ambar masjidlariga yetolmagan boʻlsalar-da, Alloh oldidagi xijolatpazlikdan jindek qutulgan edilar.

Ammo unga bugun nima boʻldiki, sal qolsa asr sharofatidan bebahra qoladi ekan. Chindan shayton yozg‘irdimi yoxud diyordan kelgan maktub parishon etdimi? Bir boʻlsa oʻsha faromush etdiyov.

Ular asrni qiyomiga yetkazib oʻqib, duolar ila oʻrnilaridan qoʻzg‘olisharkan, u shukrona lozimligini sezdi:
— Oʻziga shukr, Alloh sizlarni yetkazib, jamoat savobiga dohil etdi. Endi hech qachon, hech birimizni bu baxtdan benasib etmasin, omin, — dedi. Sheriklari-da, bundan mutaassirlanib bosh silkidilar.

Dunyo keza-keza shu tabarruk zaminda qoʻnim topmish bu uzoq yurtlik musofir hech kutilmaganda bugun soʻlg‘in va faromush koʻrinar edi. Oʻsha uzoq diyorga joʻnatmish elchilari qaytib, necha kungacha ularni yonidan jildirmay suhbatlar qurgan, keltirgan mujdalaridan boshi koʻkka yetib, vatandoshlarini ziyofatlarga chorlab, suyunchiliklarini baham koʻrgan boʻlsa-da, bugun yana xomush edi. Nima boʻpti ekan? Hatto Peshovardan atay tashrif buyurgan vatandoshini kecha yeru koʻkka ishonmay, yonidan bir qadam jildirmay mehmonnavozlik qilib oʻtirib edi. U Makkaga oʻtib ketdiyu bu yana soʻndi-qoldi. Bog‘dagi qoʻsh xurmo oʻrtasiga tuproq toʻktirib yasatgan supasida, ha, oʻsha qoʻshqavat koʻrpachalar yozdirib vatandoshlarini ziyofatu suhbatga chorlaydigan joyda yolg‘iz oʻzi oʻsha doʻsti-yoroni ketgan taraf — qiblaga termulib oʻltirar edi. Yonidagi qoʻsha-qoʻsha par yostiqlardan birontasini tirsagi tagiga tortib yonboshlasa ekanki, xotirjam desang, bir xayolga toldi-da, desang.

Xuddi oʻsha Peshovardan daragi chiqqan doʻsti qaytib koʻrinmaguncha shunday oʻtiraverishga qasam ichgan kabi qimirlamas, chordona qurib oʻtirgani-oʻtirgan edi. Xayoldan tolmagani uning!

Soqol-murtiga oq oralab, kelbatli, fayzli kishilar qatoriga kira boshlagan kezda nimani qoʻmsab qoldi? Oʻsha qirchillama yigit yoshida tark etgan joylarinimi, yetisholmagan qon-qardoshlarinimi? Ularni demasa, nimadan kamchiligi bor? Bir kam dunyo deb shuni aytar ekanlar-da! Boʻlmasa, bu munavvar zamin, qiyomatga qadar qut-baraka yog‘ilgan bu shaharga kimlar yetdi, kimlar yetolmadi? Bu yonda xotamun nabiy masjidlari, u yoqda Uxud tog‘lari, Badr vodiysi, ansoru muhojir sahobalar yotgan Baq’i qabristoni, yana qanchadan-qancha Payg‘ambar qadamjolari — hamma-hammasidan saodat asrining nafasi kelib turibdi. Erta tonglarda tanga rohat Madina shabadalari esib, Nabiy masjidlari tarafdan nainki azon sadolarini, oʻsha saodat asridan qolgan ifor hidlarini ham olib kelayotgandek, taratib oʻtayotgandek boʻlaveradi. Ular qiyomatga qadar tuganmasligi, taralib turaverishi tayin.

U yoqda esa, qiblagoh — Ka’batulloh turibdi, sog‘insang yetgudek joyda. Shu dindagi bir insonga bundan ortiq yana nima kerak?! Har yili umra yo haj qilmoq mumkin. Ka’batullohni tavof etmoq, payg‘ambarlar, avliyolar qadamlari yetgan Minolarga bormoq, Arofotda turmoq, Muzdalifada tunab, qonib-qonib ibodatlar qilmoq mumkin. Yolg‘iz Allohga suyanib qolgan bandaga bundan ortiq nima kerak? Koʻnglining yana qaerida kemtik qopti ekan? Shuncha dunyo kezib, shu yerlarga yetib ham yana qanday armoni bor uning?

Xizmatkorlar uning yoniga yoʻlay olmasdilar, bir qur boʻlsa-da, koʻngil soʻray olmasdilar. Axiyri shivir-shivir bilan xonum bekaga ma’lum qilishni afzal topdilar. Shunaqa damlarda Marg‘u xonim yoniga Fotma-Zuhra qizlarini olib, otalari qarshisiga salomga chiqishadiyu Bahriddinxoʻja oʻz holiga qaytadi. Undan beriga shu oʻtirishi oʻtirish. Faqat azon bilan namozga chorlab, oʻziga keltirmoq mumkin.

Marg‘uxonim oʻsha Qashqardan kelinlik sepiga qoʻshib berilgan olma gulli choynak-piyolalarga choy damlab chiqib, hojasiga tavozula boqarkan:
— Adasi, oʻzimizni Toshkancha qora choy damlab edim, iching. Zora g‘uborizzi olsa,— dedi ra’yiga qarab.
— Gʻuborni olib, koʻngilni yozadigan narsaga nima yetsin. Valloh-valloh. Bu chinnilarda kechagindayoq choy damlab chiqarmoq lozim edi, — dedi Bahriddinxoʻja ularni koʻrgandayoq bahri-dili ochilib. (Hazilmi, bular uzilgan nikoh rishtalarini ulagan vallomat oshnasidan sovg‘a tariqasida kelgan-ku. Nainki yolg‘iz oʻzi, manavi kelinbonu bilan kelgan! Uning daragini eshitiboq, nikohidagi ayolini sovg‘a-salomlar bilan joʻnatgan kishini shu chinnilarda siylamoq lozim emasmidi?!.)

Marg‘ubonuning koʻzlari yer suzdi:
— Uyaldim, adasi, — deb qoʻydi sekin. — Keyin oʻziz aytdiz, u kishining koʻngli yarimtamush.

Bahriddinxoʻja choy xoʻplab, bosh irg‘adi:
— Sen haqsan. Yarimtalikka yarimta. Koʻz ochib koʻrgani mana qancha yilki yolg‘iz Yodgori bilan sarhad ortida. Na xabar oldira oladi, na mujda keladi, — u yana boyagi hardamxayol holiga qayta boshlagan edi, ayoli chalg‘itmoqqa jazm etdi.
— Nima, Peshovarda joy-doʻkonlari bormikan, bunchalik bog‘lanib qolmasalar?
— Yoʻq, uni u yerda tutib turgan — boshqa narsa. Bilasan, Sultonmurod joy-doʻkonlardan, bu dunyoning xoyu havaslaridan balandroq turadi. U yerda jamiyat ochgan. Bizga oʻxshagan musofirlarning boshini qovushtiraman deb yuribdi shu diyorlarda ham. — Bahriddinxoʻja toʻliqib, entikib qoʻydi, — Oʻzi bu ahvolda... yana kimlarning g‘amini yeydi! Birovga en boʻlguncha oʻzingga yeng boʻl, deganlari bekor ekan!
— Kecha kelganlarida elchingiz olakelgan xat-xabarlardan boshlari koʻkka yetgandir?..
— Qayoqda! — dedi Bahriddinxoʻja bosh toʻlg‘ab, — bunday ta’sir etishini bilsam, bermay ham qoʻya qolardim maktubni.

Bonu beixtiyor qoʻlini yuziga bosdi:
— Voy, bilmay-koʻrmay, berib qoʻyibsizmi? Kimdan ekan?
— Oʻsha oʻzingiz bilgan mirzo yigit — Salom xolamizning bitikchi oʻg‘illaridan ekan. Fahmimcha, achchiq-tiziqroq xat bitgan koʻrinadi. Nega bunday yozibdir, tushunolmadim.
— Qanday koʻzlari qiyibdi?
— Bilmasam, Bonu. Ayasa boʻlardi, oson tutgan koʻrinadir bunga! — Hojasi piyolani uzatib ayoli yana choy quydi:
— Oʻzingiz yupatib, tushuntirsangiz boʻlarmidi. Xaramga oʻtishlari shunchalik zarur ekanmi?
— Bilasan, Oltinxon toʻram hozir oʻsha yerdalar, dars berayaptilar. Oldilariga maslahatga ketdi, — dedi hojasi va qoʻshdi. — U kishining ham qoʻllaridan nima kelardi. Qolaversa, biz vatanjudolar bir boʻlganda ham nima qila olamiz, Alloh Oʻzi kushoyish bermasa?
— Shunday-ku, adasi, astoydil yig‘lasa Alloh soʻqir koʻzga-da yosh berar deydilar, — dedi bonu yalinch ohangida. — Bizga shuncha yaxshiliklar sog‘ingan kishiga qolganda nahot biron tadbir topilmasa?

Bahriddinxoʻja bir toʻlg‘anib, xontaxta ustiga koʻkragini bergan edi, dardining zoʻridanmi, zalvoridanmi xontaxta qisirlab ketdi:
— Shu ikki kun ichida kallam tors yorilayozdi. Qani endi epaqali bir yoʻl kelsa. Oʻsha dastimiz yet-maydimi deb qoʻrqaman. Qaytarolmaymiz shekilli yaxshiligini, qiyomatga qoladi shekilli, Bonu. Yozug‘i... shundaymikan. — Hojasining koʻzlariga qalqqan nam yiltirab ketgandek, ovozi ham oʻzgarib chiqmoqda edi.
— Qaytishda kiradilarmikan?
— Kirgil, meni tinchlantirib ketgil, koʻnglim alag‘da oʻtirmayin, dedim. Yana bilmadim. Qiziq ustida nojoʻya bir ish qilib qoʻymasa edi, deb qoʻrqaman, Bonu.
— Yoʻg‘-e, adasi, Xudo asrasin. Sarhad oshib borishdan ham toymaydilar, deb oʻylaysizmi?
— Oʻziga qolsa, dordan qaytmaydi. Shunaqa fe’li ham yoʻq emas. Ammo Toʻramdek xudojoʻy odam xabar topsalar qoʻymasalar kerak.
— Oʻziz qaytara qolmabsiz-da, adasi?

Hojasi nochor jilmaydi. Bu ichi toʻkilib borayotgan odamning zoʻrma-zoʻraki kulimsishiga oʻxshab ketardi:
— Menmi, qani qanotim boʻlsa, uning oʻrniga ham oʻzim uchib borib, bir yoʻlini qilgan boʻlardim-ku. Oʻshaning evini topolmayapman-da, Bonu...

Ular jim qoldilar. Kim dasturxon popugini g‘ijimlaganicha, kim boʻshagan chinni piyolani changallab, uni keti ila xontaxta ustini ezg‘ilagancha. Ammo har ikkisining koʻzlarida yosh g‘ilt-g‘ilt aylanar-u, oqib ketolmas edi.

Shunda Xudoning ularga rahmi keldimi, kushoyishini Oʻzi yetkazib, supadan besh qadam narida xizmatkor yoʻtalindi:
— Hojam, sizni bir kishi yoʻqlaydir.
— Kim, deding? — dedi Bahriddinxoʻja hayratga tushib.
— Zanjimisan zanji bir qora darvesh... kirishga izn soʻraydir.
— Yoʻg‘-e, oʻsha, alp kelbatli kinochi-ya? Uni shu topda qanday shamol uchiribdir?
— Bilmasam.
— Ayt, kiraversin, Shundan shu yoqqa kelib, nega tortinadir, aziz mehmonimiz?

Eshik og‘asi uning qaysibir soʻziga (balki «aziz mehmonimiz»gadir) iljayinqirab yelka qisdi. Ammo toʻg‘risini yashirmadi:
— Toza shaldir-shuldir — bir qop yong‘oq ekan, mehmoningiz. Tili tanglayiga yopishib, suyunchi soʻraydir nuqul.
— Suyunchi?
— Ha-da. Siz bilan qaysi oftobshuvoqda qatiq yalashgan ekan, nuqul «hojamiz qaerdalar, hojamiz suyunchini choʻzaversinlar, ataganlarini chiqaraversinlar», deydi.

«Shig‘ab suyunchi soʻraydir?» Shoshma, oʻsha xayrli ishi Tangrim azza va jallaga xush kelib, shu dunyodayoq izzat-ikrom topibdikanmi?
— Shoshma, oʻzim, — deya Bahriddinxoʻja supadan tusha boshladi.

Ammo u orqasi ochiq kavushini oyog‘iga ilib ulgurmadi. Darvozaning bolacha eshigi ochilib, burungi zamon gladiatorlaridan qolishmaydigan gavdali odamning avval mushtdek qop-qora boshi (soch degani jingalak-jingalik boʻlib, kallaga yopishib ketgan — jingirtob edi), soʻng unga necha barobar katta yelkasi koʻrindi. Oʻzi esa, bolacha eshikdan ikki engashib oʻtmoqda, oyog‘ini olaman desa, gavdasi sig‘mas, gavdasini oʻtkazaman desa, oyog‘ini ololmas edi. Tanidi. U oʻsha Najoshiy avlodi, sahobalaru Payg‘ambarimizga muhabbati tushib, shu muhabbatini kinoga koʻchirmoqchi boʻlgan Qora darvesh edi. Oʻsha dinu diyonatini asramoq uchun Xabashistonni qora tortib borgan birinchi musulmonlarning alamli kunlariyu Alloh rozi boʻladigan mardona safarlarini, keyingi karamli hayotlarini alohida bir muhabbat bilan dunyo xalqlariga hikoya etmoqchi boʻlgan zanji kinochi edi.

U eshikdan ikki bukilib oʻtishi ila qanday bir tor yerdan oʻta olganiga qarab ham qoʻymayin qaddini g‘oz tutib, supa chetidan tura boshlagan Bahriddinxoʻja tomon intildi:
— Oh, hojam! Hotami Toy birodarim! Bizni tabriklang! Mubarakbod eting! Alloh yoʻlidagi ehsoningiz Oʻziga xush kelib, bizga nusrat ato etdi. Eshityapsizmi, hojam, biz yutdik! Suyunchini chiqaravering, ataganingizni keltiravering.

Bahriddinxoʻja dabdurustdan hech narsa tushunmadi. Qanday nusrat? Kinosi olib boʻlinib, qoʻyila boshlagan, hatto telekanallar sotib olgan edi shekilli? Yana qanday nusrat haqida gapiradir?

U jindek hayiqdi. Chindan ham qora ayiqdek lapanglab quchoq ochib kelayotgan bu qora davangirning quchog‘iga tushib qolishdan kishi tuyqus choʻchib ketuvi mumkin edi. Lekin u begonamas, keyingi yillarda oʻzi suyib orttirgan birodarlaridan edi. Qoraning qorasi, koʻmirga aylanib ketgan bir inson boʻlsa-da, yaltiragan qoʻl-oyoqlari, yuz-boshlari, tars-tars yorilib ketgan tovonlariga qarab turib, qaysi balchiqdan chiqqan deysiz. (Shunaqa xabash!) Ammo iymoni shunchalar butun, shunchalar pokizaki, buni oʻylaganda bag‘riga singib ketging keladi! Unday birodarni qaytib top-chi!
— Xudo har bir moʻminni sochqi sochadirgan kunlarga yetkazsin! Suyunchi sizdan aylansun! — dedi Bahriddinxoʻja xizmatkorlariga mehmon yelkasiga toʻn yopmoq ishorasini berib.

Bungacha Qora darvesh unga yetib kelib ulgurgan, qalampirmunchoq hididan sal boʻlakcharoq, gurkiraganroq bir ifor boʻylar taratib bag‘riga olgan, u boʻylar yuzini yuzga bosganda quloqlari takkinasidan kelarmi, qora eti yaltiragan yag‘rinlaridan kelarmi, bilib boʻlmas, ammo juma namoziga otlangan moʻmindan taralgan boʻylardan kam emasdi.
— Oh, hojam, bilsangiz edi, men sizga qanday quvonchlu xabarlar keltirganimni. Yetti uxlab tushimizga kirmagan iltifotlarga erishib turibmiz. Bu hammasi siz tufayli, ehsoningiz tufaylidir. Ungacha Allohga xush keladirgan bir nima yaratmakka bizga yoʻl boʻlsin edi.

Bahriddinxoʻja xizmatkorlar oldida xijolatlandi:
— Nima topgan boʻlsangiz Allohdan. U fiysabililloh edi...
— Yoʻq, siz qanday xabar deb soʻrang. Qanday suyunchiliq deb soʻrang, — u uni bag‘riga bosib toʻymas edi. — Soʻrang, og‘zingizga siqqanini soʻrang. Men siz uchun jonimni berishga-da tayyorman. Biz oʻshal jannatmakon diyoringizga ketyapmiz. Eshityapsizmi, sizning ota yurtingizga! Oʻshal siz qoʻllab yuborgan kino Allohga xush kelib, bizga koʻp izzatlar keltirdi. Sizning yurtga yoʻl ochdi. Xalqaro festivalga ketyapman. Tilang tilagingizni — endi uzmasak, qachon uzamiz yaxshiligingizni?!

Bahriddinxoʻja oʻz diyorining nomini eshitib, yuraklari toʻkilib tushayozdi. U ma’voni koʻrish, boʻylarini qayta boʻylab, suvlaridan hovuchlab-hovuchlab ichish mumkin ekanmi? Qoʻyarkanlarmi shunga? Nimalar deydi? Kimni aytyapti? Nahot bir umrlik armon shu qora qulning iltifoti bilan abas topsa? Shu mumkin ekanmi? Ularga shu kinochining bir og‘iz soʻzi bilan diyorga qaytishga ruxsat beradilar ekanmi? Shoʻrolar-a, oʻsha yoʻqsillar hukumati-ya? Yo biron narsani chalkash eshitdimi? Balki yoʻl oldidan tila tilagingni deb iltifot koʻrsatib kelgandir? Shunisi toʻg‘riroq, haqiqatga yaqinroq. Shunga ham shukr, aytmasa, indamay joʻnab yuborsa, nima deya olardi?!
— Qanday anjuman dedingiz? Shoʻrolar ham oʻz eshiklarini ochadilar ekanmi? Temir qoʻrg‘on qilib tashlagan, deb eshitardik-ku? — deya oldi Bahriddinxoʻja, birodari u yetib boʻlmas diyorga ketayotganidan koʻngli allatovur buzilib kelib. Shunaqa: kimga u diyorning yoʻllari taqa-taq berk, (Xudo yorlaqasagina tushlarida koʻrmoq mumkin!), kimga esa, «shoʻrolarning sharofatini» koʻz-koʻz etib, anjumanlar tashkil etishadi, festivallar oʻtkazishadi. Birodarimiz ham oʻsha roʻyxatga tushibdimi?

Mayli, biz uchunam koʻrishsin, jannat bog‘larida kezishsin, kavsar suvlaridan ichishsin! Faqat zar qog‘ozga oʻralgan yolg‘onlariga uchishmasa, bas! Iymonlaridan ajrab qaytishmasa, bas! Mazlum hukmida qolgan butun bir elni qandayin ham bular baxtiyor ekan deb yurishmasa, bas!
— Hojam, tilang tilagingizni. Bizga sizning diyorlarga borish nasib etib turibdi. Omonat salomlaringiz, topshiriqlaringiz boʻlsa ayting! Oʻzim elchingiz boʻlay! U yaxshiliklaringizni qaytaray men ham. Nima istaysiz? Mana, men xizmatizdaman! Tortinmang, hojam.

Oh, bu koʻngil nimalarni istamas?! Xohlamas?! Voh-voh-voh, bir og‘iz soʻz shunchalar shirin boʻlarmi? Jonu jahoningni oʻrtab yuborarmi? Uning soʻnggi soʻzi yuragining allaqaysi ingichka joylariga yetib borib, tegib ketgan edi: vujudiga yoqimli bir titroq yugurgan, oʻzi erib-bitib borar edi! Qarilikmi, nima yo bir umrli sog‘inch eltdimi? Bahriddinxoʻja tuyqus boʻshashib, peshonasini mehmonning yelkalariga tirab qoldi! Voh, Alloh shu kunlarni ravo koʻrib turibdi ekanmi, yetkazib turibdi ekanmi?!
— Hov, umrim shomida topgan aziz birodarim, oʻzimga qolsa, men nimalarni istamasdim?!

Ichikkan koʻngli bu pallada oʻzi tug‘ilib oʻsgan, kindik qoni toʻkilgan u diyorning suvratlarini bir bor boʻlsa-da, koʻrmoqqa zor-zor yig‘lar, shunda ham kuygan dili «mayli, men chidayman, nima karomating boʻlsa, nima iltifoting boʻlsa, mening darbadar bir birodarim bor, oʻshanga qil bu olamning yaxshiligini», der edi. Oʻzi qolib, unga ilinardi.

Taqsirlar jindek urzlidurlarmi?

Bugun saboq kuni edi.

Olim ertalabdan qaymoq bozoriga tushdiyu ikkita issiq non bilan bir shisha bonkachada qaymoq olib, Toʻramning ziyoratlariga shoshdi.

U bu tabarruk xonadondan tuganmas g‘azna topib olgandek edi. Gʻazna nimasi, Toʻramning oʻzlari yuradirgan bir tirik xazina ekanlar. Har soʻzlari oltinga teng, turgan-bitgani hikmat. Saboqlari-chi, chan-qoq qalbga chippa yopishyapti. Shu vaqtgacha qayoqlarda yurgan ekan? Ilgariroq kelsa, boʻlmasmi ekan?! Intiqishi shundan: har kuni xizmatlarida tursam, nazarlariga tushib, duolarini ola qolsam, deydi-yu, duo olish oʻzimi? Jilla qursa, u tarixlardan biron nima ilinsalar ham jon qulog‘ini tutib, chanqog‘ini qondirgay-ku.

Hammasidan ham burun u harf taniyotganidan, «bismillahir rohmanir rohiym1»ni oʻzi tatalib oʻqiy boshlaganidan boshi osmonda edi. Toʻram sakkiz darsdan soʻng Kalomullohning mayda suralarini oʻzi oʻqiydigan etib, Qur’onga tushirar emishlar. U shunga ichi tushib yotibdi. Harf tanib olsayoq Sutchi Qayrag‘ochli yolg‘iz mozordan topgan kitoblarni soʻrab olib kelardi. Padaribuzrukvori oʻqigan tabarruk kitoblarni oʻzi oʻqiy olsa qani edi, yig‘lab-yig‘lab xatm etsa qani edi! Nechuk oʻqimasin?! Otaning nomai a’moliga savob yetkazuvchi narsa shu boʻladiyu oʻqimaydimi?! Xatm qilmaydimi?!

Toʻram shu kalitni topib beradilaru u zotning huzurlariga chopmasinmi, xizmatlarini qilib, nazarlariga tushmasinmi? Boʻlak niyati yoʻq. Boʻlak niyatlarni yarim yoʻlga tashlab kelgan. Alloh shohid, sof niyat bilan kelgan.

Ammo xosxonaga nonushta hozirlab, Toʻramning qoʻllariga suv quyib ulgurib edi hamki, u kishini allaqanday ulug‘ mehmon yoʻqlab kelganini ma’lum qilishdi.

Ustozga ixtimat bilan xizmat etib, birga nonushta etmoq umidida yelib-yugurgan Olimning choyiga quvalashgan pashsha tushgandek boʻlgan edi. Nachora, Allohning xohlashi!

Hovliga banoras toʻnda, oq salalli ulug‘ mehmon— muftiy janoblari ziyoratga kirib kelmoqda edilar.

Olim ularning oldida oʻzini ortiqcha sezib, tash¬qariga chiqa boshlagan edi, Toʻram chaqirib qoldilar:
— Eshon bola, bu kishimni tanimadiz, chog‘i?

Olim bir daqiqa taraddudlandi. Mehmonning yuzida kamdan-kam odamlarda uchraydigan ichdan balqquvchi bir nur koʻrib toʻxtadi. Ulug‘ mehmon ham yarim hayrat ichra oʻgirilgan edi. Salomiga alik oldi:
— Vaalaykum assalom, keling, oʻg‘lim.
— Shunday, tog‘-tog‘ bilan koʻrishmasa-da, odam odam bilan topishgay ekan, — dedilar Toʻram mehmonni toʻrga oʻtishga undab. — Albatta, Allohning izni-marhamati ila. Bu yigit ota qadrdoningiz rahmatli Abdurahim eshon pochchamning kenjalari boʻladirlar.
— Yo rabbiy! — dedi mehmon toʻlqinlanib, — Oʻshal... muftiylikka birinchi haqdor zotni-ya? Alloh oʻz rahmatiga olgan boʻlsin ul rahmatullohi alayhni!
— Ha, muftiylikdan Tumanli yurtni afzal koʻrgan zot — Eshon pochchamning kenjalari.

Olim koʻp odamlar og‘zidan eshitgan gaplarni eslab, (muftiylikka chaqirishganda u kishi uzr aytib, «Qur’onning zer-zabari koʻp, biz ulardan chiqolmaymizmi, deb qoʻrqadirmiz», degan ekanlar) koʻzi namlandi. Bular qolgan tarixlarni ham bilishsa edi! Shu asno tomog‘iga achchiq bir narsa tiqilib keldi.

Shu topda ulug‘ mehmon u tomon ikki odim tashlab, quchog‘ini ochib ulgurgan edi.
— Keling, ota qadrdon, bir xoʻshlashib, u zotlarning ruhi-poklarini shod etib qoʻyayluk.

U qoʻli koʻksida, yelka tutib borib, iymanibgina taqsirning bag‘riga singidi. Singidiyu judayam begona emas ekanmiz-ku, deb oʻyladi.

Hazrat uning kuraklarini silab, yuzini yuziga bosdi va ikki kiftidan mahkam tutib, silkib qoʻydi:
— Mana, tanishib ham oldik taqsirim tufayli. Endi qiyomatga qadar birodarmiz. Unutmaysiz-a? Kerak boʻlganda tortinmay boraverasiz, — dedi.

Soʻnggi soʻzi unchalik yoqinqiramagan boʻlsa-da, koʻngli uchun ham Olim bosh silkidi.

Toʻram iltifot qildilar:
— Qani, marhamat, dasturxon muntazir boʻlmasin. Alloh bugun birga-birga nonushta qilmoqni nasib etgan ekan. Shukrini bajo qilayluk.

Oʻtirdilar.

Qoʻllarini duoga ochib, bir-birlariga qarashdilar. Ulug‘ mehmon:
— Oʻzlaridan boʻlsin, — deb qistadi.

Hali judayam sog‘ayib ketmaganlari rang-roʻylaridan sezilib turgan, ammo yangi kuzalgan soqollariyu bir burda yuzlaridan nur yog‘ilib turgan jikkak qariya— Toʻram duo qildilar:
— Albatta, har narsa niyatga bog‘liq. Shu kun, shu soatda yaxshi niyat-la kulbamiz ostonasin bosib kelibsiz, ya qodir Alloh oʻzing chevarsan, birodarlarimizni niyatlariga yetkazgaysan. Shular qatori biz ojiz bandangni ham marhamatlaringdan darig‘ tutmagaysan, omin, Allohu akbar.

Bu shirin duoga ilm talabidagi Olim ham, ziyorat niyatida qadam ranjida etgan manavi ulug‘ mehmon ham qoʻshilib, sidqidil yuzlariga fotiha tortdilar.

Shundan soʻnggina mehmon hol soʻrashga tushgan edi:
— Qalaysiz, taqsir? Bir oz muolajalar olgan emishsiz. Jarrohlar tig‘ ham tekkizgan emishlar. Safarda edik, xabar ololmadik. Xatar oʻtib, hammasi orqada qolgan boʻlsin, ilohim. Koʻrinishlaringiz yaxshi, Allohim shifosini bersin.

Toʻram rahmat ma’nosida bosh silkidilar, kamiga qoʻllarini koʻksilariga qoʻyib, ta’zim qildilar:
— Oʻziga shukr, dardni chekintirib, bandachiligimizni bardavom ettirishga imkon berganiga shukr.
— Koʻrgan-kechirganingiz shu boʻlsin. Qaytib qiynamasin, sizday suygan bandasini, — dedi hazrat.
— Kim suyukli — yolg‘iz Oʻziga ayon. Biz umid tutamiz, xolos. Oʻzining jamoliga mushtoqligimiz qay darajada ba’zan bilib, ba’zan bilmay...
— Yoʻg‘-e, taqsirim, sizki shunday desangiz...

Ularning nainki soʻrashishlari, hatto manziratlari ham bir boʻlakcha, havas qilsa arzigulik edi. Olim some oʻtirib ham erib borardi: ana moʻminligu, ana halimlik! Muomalayu manziratni ulardan oʻrganmoq kerak ekan!

Bu orada choy kiritilib, Olim chor-nochor taqsirlarga xizmat eta boshladi.

Avval choy uzatib, soʻng non ushatdi. Dovdiraganidan hammasini aralashtirib yubordi. Qarasa, qaymoq hamon idishda turibdi. Piyolalarga quymoqchi edi, xaytovur, Toʻram yoʻlga soldilar:
— Yaxshisi, chinniga ag‘daring, non toʻg‘raymiz. Ivib mag‘iz-mag‘iziga singsa, ana uning savobiga nima yetsin.

Ulug‘ mehmon ham u kishini quvvatladi:
— Ha, ana shunday: qari bilganini pari bilmas. Soʻng bu qaymoqxoʻrlikni allazamongacha eslab yuramiz.
— Shunday-shunday, mubolag‘asi yoʻq buning, — deb kulishdilar.

U qaymoqqa non toʻg‘rab boʻlgunicha, Roʻzioxun (qachon kelib, jiz-bizga unnabdi ekan!) chinnida yakkaovoradan shirchoy kiritdi. Taqsirlar alqab-alqab icha boshladilar. Ammo-lekin qanday tayyorlanibdi, Toshkanni shirchoyidan oʻtib tushgan, bu dunyoning taomi boʻlmagan edi.

Soʻng taqsirlar dasturxondan totinib, choy xoʻplagancha oʻtgan-ketganlarni eslashga berildilar-u, Olim chiqib, ularni holi qoldirarini ham, oʻtirib choy quyarini ham bilmay qoldi. Turay desa, hali choyni boʻldi qilishganicha yoʻq, turmay desa, ulamoyu ustozlar oldida oʻtirish oʻng‘aysiz.

Bir marta choyni yangilab ham kirdi, ammo qaymoqqa toʻg‘ralgan non boʻka qolmas, mehmon ham mud-daoga koʻcholmayotir edi.
— Darvoqe, Xijoz safaridan qaytgan emishsiz. Ziyoratlari dargohida qabul boʻlsin. Nabiyi Akram sollallohu alayhi vasallam yurtlarida ne yangiliklar? Saodat asridagidek ibodatga qaytishga urinishlar tinchigudekmi, yo hali ham oʻsha-oʻsha? — dedilar Toʻram muftiyning yuzlariga sinchkov termulib.

Muftiy issiq ham mayin jilmaydi:
— U asrni qaytib topmak maholligin oʻzlari ham biladilar. Biladilaru... urinadilar-da.

Toʻram ham jilmaydilar:
— Niyat u ibodat halovatini topmoq boʻlsa, topardilar-a...
— Unday emas, deb oʻylagaysizmi, taqsirim?
— Shundaymi, deb qoʻrqaman. Agar niyat xolis boʻlsa, u diyorni eng dorilomon bir diyorga aylantirmasmi edilar?! Qolaversa, Xijoz yoʻllarini har muslim uchun ochdirib qoʻymasmi edilar? Biz esimizni tanibmizki, yoʻllar berk. Tag‘inam chor zamonida hayo bor ekan.

Muftiy domla soʻchib tushgan kabi bir sergak tortdilaru yana oʻzlarini oʻnglab:
— Oʻtkazardi... deysizmi? — dedilar beozor.
— Boʻlmasa-chi. U oʻrisda insof bor edi. Haj desa, yoʻlni toʻsmasdi. — Keyin mehmonning betiga ma’noli qarab, qoʻshib qoʻydilar. — Mana, bizam dunyoning Toʻqmoq degan bir «ovloq» manzilidan borganmiz akamiz rahmatli ila.
— Ularning nazarida ovloq sanalgan-da, bilsalar-ku... — dedi muftiy jilmayib.
— Harqalay ulamoni ulamo sanar edi, ilmi hurmatidan. Insofi shu-da, — deb qoʻydilar Toʻram.

Muftiy janoblari yalt etib qaradilaru dillariga kelganini aytmakka andeshami, nimadir yoʻl bermadi. Olimning nazdida uning dilida uyg‘onib boʻlgan ilon shakkok shayton qiyofasiga kirib, tilining uchiga zahardan-zahar ne bir fikrlar quyib ulgurgan edi-yu, Toʻramning salobatlarimi, nimadir tilidagisini aytishga yoʻl bermas edi. Balki ular koʻrgan islomiy tarbiya bunga yoʻl qoʻymayotgandir. Aksincha, yuziga halimlik nuri taralib kelmoqda edi.
— Unda anuv soʻzlar-chi, taqsirim? — deya oldi hayrat aralash.
— Qaysi, ming chig‘iriqdan oʻtkazib... soʻng ruxsat etishlarimi?
— Oʻlmang, bizlar bot-bot eshitganimiz bilan, sizlar koʻrgansiz, — dedi muftiy, ammo javobiga qiziqqanicha bor edi.
— Davlatchilik hamma yerda, hamma zamonlarda boʻlgan, — dedilar Toʻram orqalaridagi duxoba yostiqqa bir oz suyanibgina. Toliqdilarmi, choydan lablarini xoʻllab, piyolani qaytarib joyiga qoʻydilar. Lekin shashtlari boyagi-boyagidek edi, oʻshanday davom etdilar. — Ammo chor davrining toʻralari boshqacharoq edi, umumiy siyosatdan kelib chiqib, dushmaniga ham hamiyat qila bilardi.
— Hamiyat? — deb hayrat-la boqdi muftiy domla. Ular bu masalada chuqur ketishayotganini anglab qoʻrqib ketgandek koʻrinardi u.

Toʻram uning holidan... miyig‘larida kulimsib, dedilar:
— Vallomatroq desa, balki toʻg‘ri boʻlar.

Bu gap tomdan tarasha tushgandek boʻlib, muftiy oʻzi sezmagani holda oʻtirgan yerida bir xavfni tuygandek qotib qolgan edi.

Toʻram vaziyatni yumshatish uchun, qoʻl ishorasi ila iltifot qilgan boʻldilar:
— Qani, choyga qarasinlar.
— Rahmat, — deya u kishi ham iltifotni qabul qildi-yu, lekin hali oʻziga kelmagani va Toʻramning og‘zilarini poylayotgani ayon edi.
— Bilsangiz, tarixda misollar koʻp bunga.
— Siz Xudoyorxon tarixinimi, nimani nazarda tutmoqdasiz? — deb yubordi muftiy bir oz shoshilib.
— Yoʻq, uning safari oʻzida shijoat topib, Allohga tavakkul qilgan bir moʻminning hijrati bilan barobar. Men imom Shomil hazratlarini aytmoqchi edim. Ular oʻshanday ashaddiy bir dushmanlari — g‘azovotchi mujohidga ham yon berib, vallomatlik qilganlar. Uning soʻnggi iltimosini qondirganlarini eslang. Biz oʻsha safarimizda imom tarixlaridan hali bexabar bir yosh oʻsmir edik. Keyin qancha armon qilganmiz Badr qahramonlari qatori ul zot rahmatullohi alayhning Baq’idagi qabrlarini ziyorat etmaganimizga.
— Alloh rahmat qilsin barchalarini. Lekin qanday?.. — deb yubordi muftiy kutilmaganda.

U chindan ham imom tarixini bilmasligini shu savoli ila ayon etib qoʻygan, endi jindek xijolatga tushib, qoʻlidagi boʻsh piyolani oʻynar edi. Axiyri uni Olimga uzatib, Toʻramga qaradi:
— Uzr, siz imom Xamzatning shogirdlari imom Shomilni aytasizmi, yo...
— Oʻsha ikkinchi imomni aytaman, tutqunlikka qayt¬moqdan, loshi Payg‘ambar alayhissalom yurtlarida qolmog‘ini avlo koʻrgan buyuk mujohidni. Ul zot Nabiy sollallohu alayhi vasallam masjidlarida qolib, Allohdan yolg‘iz bir narsani — loshlari oʻshal yurtda qolmog‘ini surunkasiga uch kun namozda soʻrgan ekanlar.

Toʻram taqsir bu voqealarni soʻzlar ekanlar, oʻzlari shu tarixlardan ruh olib, bir necha oʻn yillar avvalgi chin Toʻramga aylanib bormoqda edilar. Ovozlari ham, soʻzlarining zalvori ham boʻlakcha edi. Muftiy hazratlari esa, u kishiga tan bermoqdan oʻzga ilojlari yoʻq bir alpozda ham havaslanib, ham kemtik bir hislar qorishig‘ida oʻtirar edilar. Niyatlari esa, tashriflarining boisini aytmoq boʻlsa-da, buning mavridini bilolmay, — qariyaning armoniga hamohang tebranar edilar.

Nihoyat ular bu mavzularni bir chetga surib, iltifotu manziratlar bilan qaymoqxoʻrlikka tutindilar. Boya toʻg‘ralgan non satta moyga aylanib, endi og‘izda erib borar, arzimas vaqtda jannat taomiga aylanib ulgurgan edi. Qariyalar oʻzlari qolib, Olimni qistashar:
— Oling, bu dunyoning ne’mati boʻlmabdi, keyin bunaqasini topolmay yurasiz. Topganingizda ham oʻxshatolmaysiz, — deyishar edi.

Olim esa, ularga atalgan ne’matga oʻzi ham sherik boʻlayotganidan tobora qisinib borardi. Hozir bu dunyo koʻrgan qariyalar bilan oʻtirish bir gashtli boʻlsa-da, oʻrtadagi taomdan koʻra suhbatlari shirinroq tuyulmoqda edi. Xizmatlarida oʻtirganidan, bu kunlarga yetib kelganidan boshi osmonda edi.

Qaymoqdan keyin ezilishib choy icha boshladilar. Va shu asno ulug‘ mehmon oʻrnida bir tebranib, joylashib olib, tomoq qirindi. Bu uning Toʻramdan izn soʻrashiga oʻxshab ketardi.

U kishi ham niyatni sezib (balki kirib kelganlaridayoq bilib ulgurgandirlar!) tortinmang, har kuni kelib yuribsizmi, degandek qaradilar. Tavba, inson qarisa, taqvo yoʻliga oʻtsa, kishini bir nigohdayoq anglaydigan darajalarga yetar ekanmi?! Bular bu tarafdan bir-birlaridan qolishmas edilar. Harqalay, Olim buni sezib-anglab turgandek edi.
— Shu hijoz safari chog‘i bir ulug‘ zot ziyoratiga chorlab qolishdi, — dedi mehmon uzoqdan kelib. Uning bu ziyoratdan koʻp mutaassir boʻlgani soʻz ohangidan sezilib turar edi.
— Chorlashdi? — «borarga jur’at etdingizmi, axir?» degandek koʻz tashladilar Toʻram.

Ulug‘ mehmon ham u kishini tushunib, rostiga koʻchishni afzal koʻrdilar. (Yashirishdan ne iloj, qaytaga nazardan qolmoq mumkin!)
— Iltimoslariga binoan, oraga nozik kishilar tushib, miyqotdagi Oisha onamiz masjidlarida koʻrishdik. Umra niyati-la ehrom bog‘lab, ikki rakat namoz oʻtash asnosida.
— Kim, vatandan ayro tushgan vatanjudolar ulug‘lari-lami?
— Shunday. Balki ismi-shariflarini eshitgan chiqarsiz. Oltinxon toʻram atalmish koʻp tabarruk zot ekanlar...

Toʻram mayin jilmaydilar, u kishi har qachongidan xotirjam edilar. Buni qandoq tushunmoqni hatto Olim ham bilmay oʻtirar edi. Shunchalar sirli va dunyo koʻrgan edi bu qariyalar!

Javob undan hayratlanardi chiqdi:
— U zot bizga tomir boʻladirlar. Faqat ona tarafdan.
— Uni qarang! — hayratlanish gali ulug‘ mehmonga kelgan edi. — Xudo mushkulimizni oʻzi oson etayotganini koʻring.
— Qanday yumush, qanday mushkulot, hech tortinmang? — dedilar Toʻram avvaldan sezganlari rost chiqayotganidan jilmayib.

Ulug‘ mehmon ham qisinishga hojat qolmaganidan hiyla yengil tortib, qoʻzg‘olib qoʻydi:
— Sizga tomir chiqishlarining oʻzi... bu mushkulotni yoʻqqa chiqargay, taqsir. Alloh koʻnglimga sol-ganiga mingdan ming shukrlarki, kelib yaxshi xabarlar topib turibman, — muftiy domla chindan oʻzini qoʻyarga joy topolmay qolgan edilar. — Bordi-keldilar uzilishib ketmagandir, axir?
— Hov, qayda? Bu Shoʻrosi tushmagur bizni xoʻb toʻzitdi-ku, — dedilar Toʻram chinidan qolmay. Olim bu Toʻram haqlarida eshitganlari rost chiqayotganidan bir chekkasi hayratga tushib bormoqda edi. U kishi devorning ham qulog‘i bor demay, Shoʻroni soʻkishda davom etar edilar. — Bunday kekchini onasi tug‘maydi. Roʻyxatiga tushdingmi, oʻlib qutulasan. Chiniga koʻchsam, Sayyid Mahmudxon yelkaga toʻnni tashlab, toʻg‘ri qilganlar oʻsha vaqtdayoq.

Ichlari tushib oʻtirgan muftiy janoblari bu orada ikki qoʻzg‘olib oldilar:
— Siz oʻsha Jambulli domlamiz haqda aytasiz-da? Ahli ayollari qolib, oʻzlari sarhad oshib chiqib ketishga majbur boʻlgan zot?
— Shunday-shunday. Bu gaplar boʻlib oʻtganiga ham oʻttiz yillar kechdimikan, vallohi a’lam. Ishqilib, bu hijrat xabarini rahmatli volidamizdan eshitib edik. Keyin bu qoʻtir dunyo necha evrilib, necha oʻzgardi. Ammo roʻshnolikdan darak yoʻq, — deb turib, Toʻram mehmonning betiga qaradilar. — Siz yashirmay-netmay aytavering: nima balo, Sayyid Mahmudxon toʻram shoshilishda lozim narsani aytolmay ketgan ekanlarmi?

Ulug‘ mehmon yana bir karra bu karomatdan hayratga tushib, bosh silkidilar:
— Topdiz, Toʻram taqsir, topdiz. Hali taqdir bu boshga nimalarni bitgan deb... javobini berib keta qolmagan ekanlar. Qiyomatda shuning gunohi tutmasaydi deb... qayg‘uradir ekanlar. U kishining ahli ayollarini xabarlashimiz ham shundan.

Toʻram yuz-koʻzlariyu bir chiroyli kuzalgan soqollariga ichdan nur yog‘ilib, kulimsidilar. Shu topda rahmat yog‘ilib turgan bu yuz qarangki, Olimga juda-juda ham tanish, ham suyukli koʻrinib ketayotganidan oʻzi hayratlarga tushib borardi. Nimadan boʻlsa ekan bu?...
— Bugun chindan oʻng yoningiz bilan turgan ekansiz. Suyunchini begona qilmaydirgan boʻldingiz. Ularni soʻrattirib berish bizning zimmada, inshaalloh, daraklari ham yaqin kunlarda chiqib qolsa.
— Suyunchi sizdan aylansun, — dedi muftiy janoblari, — oʻttiz yillik rishta ulanadiyu, judo koʻngillar yana topishib, taskin ne’matiga erishadiyu bizni suyunchidan qochirasizmi? Oladirgan savobimizni ayting! Uni qaysi tarozuda tortib ado qilib boʻladirkan?!
— Hammasidan burun shundan keling. Uning savobiga nima yetsun!

Olim dog‘da edi: bir narsaning siriga — bir-birlarini uncha ham xushlamaydilar deb eshitgani ikki ulamoning bir birodarlari tashvishida fikrlari bir yerdan chiqib, apoq-chapoq oʻtirishlariga hech tushunib yetolmas edi. Shu anavi kungi Toʻrammi, zamzamni undanmas, noibidan soʻrang degan, derdi. Endi qilcha sir bermay oʻtirishlari-chi, bu nimadan dalolat?

Yo bularga oʻxshab bircha taqsirlar ham bu masalada jindek uzrlidurlarmi?

Gung tasvirchi qaroqlaridagi yosh

Jujur1 edim, peshindan keyin bemalol ishga kelsam, mudirimiz ostonadan oʻtmasimdan tabriklay ketdi.
— Xudo bir asradi sizni, Maqsudxon. Shu jujurligiz boʻlmasa, bilmadim hozir Toshkanni qaysi dahasida yurgan boʻlardiz, kinochilarni yetaklab. Oʻrnizga Joʻravoy ketdi, boyaqish loʻkillab... — deb kuldi u kishi.

Men ichim yorishib kuldim. Chindan har balodan asraguvchi ham, har jafoga tashlaguvchi ham Oʻzi. Oʻziga shukr, deb mudirimga tegishdim:
— Omad chopsa shu-da, aka, Oʻzi panohida asrayveradi.
— Bu gapni Joʻra akangiz eshitmasin, yaniy-yaniy ketdi.
— Jazosi bitta osh-da, bir tovoq osh aylansin akamizdan, — dedimu qalashib turgan sahifalarni oʻqishga tutindim.

Oradan ikki soatlar oʻtib, sahifaga koʻmilib oʻtirsam, og‘zi-qulog‘ida Joʻra akam kirib keldi. Birinchi marta sezishim: eshikning takkinasida stolda oʻtirgan kishiga eshikdan kirgan naynovdek odam mirzaterakdek koʻrinadi ekan. Buning ustiga u almisoqdan qolgan uzun plashini kiyib olgan, boshida «Lenindan qolgan kepka»si bor edi. U kishi qaerda qittak-qittak otvola qolibdi, ikki yuzi qip-qizil, lablarini yig‘ishtirib ololmas edilar.

«Hayriyat, mehmondorchiligi bor ekan, boʻlmasa, eshitardim eshitadiganimni» deb yengil tortgan joyim-da u kishi plashining yengini egilmaydigan qoʻllaridan zoʻrg‘a chiqarib, engilni joyiga ildilaru tik turgancha sochni taragan boʻldilar.

Lekin shu turishda ham mendan koʻz uzmay, lab-lunjlarini yig‘ishtirolmay turibdilar. Sezdim: menga aytadigan gaplari bor-u, hadeganda damlarini chiqarmayotirlar. U kishi shunaqa og‘irkarvon, tillarining uchida turgan soʻz ham hadeganda uchib chiqa qolmaydi.

Nihoyat oromijon divanga choʻkib, faqat ziyofatlarda oʻrtaga chiqib oʻynagandagina egilmasligi bilinib qoladigan qoʻllarini divan suyanchig‘i ustiga tashlab yastandilar. Bildimki, safar toʻkis oʻtgan, mudirim aytganidek, men eshitadiganimni eshitmayman. Xaytovur, oxiri bahayr chiqdi deb tursam, shu tob Joʻra akam sog‘ qoʻllari bilan tizzalariga shappalab qoldilar. Va shu barobar qaddilarini koʻtarib, oʻtirib oldilar-da:
— Voh, Maqsu-ud, kelib-kelib shu kungayam jujur boʻladimi odam?! Xoʻ-oʻ, koʻp narsadan quruq qoldiz! Biz qayoqlarga borganimizni bilganizda edi! Ax!— deb tillarini toqilatdilar.
— Nechuk? — dedim men hayronsirab va kulimsirab. — Qaytaga yaxshi boʻpti. Bilasiz-ku najirxoʻrliklarga tob-toqatim yoʻq. Osh boʻlsin, — dedim kamiga.
— E, yoʻq, — dedi u kishi qoʻl siltab, — biz qayoqlarga borganimizni, qay goʻshalarga bosh suqqanimizni bilsangiz edi! Qayoqdan mening chekimga tushdi?! Asli oʻziz boradigan ekansiz. Borganizda bir narsalarni tushungan, men pandavaqi aqlim yetmagan narsalarni oʻziz anglab yetgan boʻlarmidingiz! Endi men sizga qanday tushuntiray, qay bir boshidan aytib beray?! Oʻlay agar, ular bu taraflarga bekorga kelishmagan! Bekorga olishmadi ham u kinoni! Lekin men buni kimga ham aytay, ayta olay?

Men sekin oʻrnimdan turdim. Qaysi bir aqlim bilan xona eshigini ichidan qulflab, hamxonamning yoniga choʻkdim.
— Oʻzi nima boʻldi, ochiqroq aytavering. Ular kim ediyu qaerlarga borishdi? Iltimos, bir boshdan qaytaring, — dedim azza-bazza titrab-qaqshab. Men oʻzim sezmagan holda allaqanday xavotirlarga tushib bormoqda edim.

Chindan ham xorijdan kinofestivalga kelgan kinochilar nega biz taraflarga qiziqib qolishibdiyu hammayoq surib-netib tashlanib, koʻp qavatli toshqoʻr-g‘onlar tagida qolib ketganda nimasini suvratga tushirmoqchi, kino qilmoqchi boʻlishibdi? Bunga qanday ruxsat etishibdi? Aql bovar qilmasdi. Yana allaqanday zanji rejissyoru kinochilar emish. Oʻlay agar, biron narsaga tushunib yetayotgan boʻlsam! Yana Joʻra akamning gapi bunday.
— Tushunarli yerda ishlaydigan odam ekansiz, iltimos, soʻrashgan yerlariga opchiqib, aylantirib kela qoling. Qaytgach, natijasini aytarsiz, odamlarimiz kamligidan sizga aytyapmiz. Tushundiz-a, Choʻpon otayu Qangliga olib borasiz. Nimani olishsa, olaverishsin. Xalqlar doʻstligining qudratini bir koʻrib qoʻyishsin, deyishdi.

Choʻpon ota bilan Qangli nomini eshitgandayoq yuragim jiz etib, orziqib tushdim!
— Kim u taraflarni tavsiya etibdi?

Joʻra akam nogahon engashib, ovozini pastlatdi:
— Shuni ayting. Qoʻllarida birov bir varaq qog‘ozga koʻk qalam bilan chizib bergan xaritami, nimayam bor.
— Chizmadir balki? — dedim tusmollab
— Shunga yaqinroq. Choʻpon otadan Qangliga boradigan anuv katta yoʻl. Keyin Tuvakkoʻcha, Boʻzsuvni koʻrdim. Oʻrtada Izza ham bor shekilli.
— Ularni bilgan odam chizmasa, boshqa kim ham chizib beradi? Soʻramadizmi? — dedim yuragim hapriqib kela boshlab.
— Qanday soʻrayman, kimdan soʻrayman? Hammasi qop-qora, bir-biridan davangir xabash kinochilar. Papauslardek kiyinib, peshonasiga pat taqib olgan tasvirchisi-ku qulog‘i tom bitgan, naqd gung ekan. Yelkasidan kamerasini qoʻymay chaldevorlarni, surilib bitmagan tepayu soylarni suvratga obyotibdi.
— Yangi tushgan uylar, osmonga boʻy choʻzgan toshqoʻrg‘onlar-chi? Oldimi ularni ham? — dedim Joʻra akamning gapidan bir narsalarni anglagandek boʻlib. Xayolimda esa, nuqul bir gap aylanadi: nima balo, ular omon qolgan eski joyu mavzelarni suvratga olib borishni buyurtma olib kelishganmi yo? Olishgan boʻlsa, kimdan?

Shunday deb oʻylayman-u, oʻylarim tubsiz koʻrinaveradi. Axir bu mavzedan ketgan kim ham ularga buyurtma berishi mumkin? Sulton akam yubordimikan? Oʻzimiz yetolmaganimizga yarasha, suvratiga yetishaylik deb? Undan boʻlak kim ham intiqishi, sog‘inishi mumkin?
— Shoshmang, qaerlarga borib, qaerlarga kirdilaringiz? — deya uning yengidan tortqiladim.
— Ha, darvoqe, bu yog‘ini aytmadim-a? Avval Choʻpon otaga borishdi. Yolg‘iz omon qolgan Mirtoʻxta amakining choyxonasiniyu orqasidagi sutbozorni olishdi. Keyin katta koʻcha bilan Qoraxoʻjaning Izzasiga dovur tushdik. Omon qolgan soylikni, chimzorlarni olishdi. Keyin Yakkabog‘da yoʻl chetida turgan boʻyicha qurib qolgan sadani, Murjimonda ildiz-pildizi bilan sug‘irib tashlangan azim yong‘oqlarni (jonivorlar shuncha yildan beri qilt etmay turibdi ekan!) u yog‘idan oʻtib, bu yog‘idan oʻtib olishdi. Undan narida, shunday yoʻl chekkasida Minavarxoʻja akani boloxonali uyi boʻlardi. Shu buzilmay qolgan ekan, uni ichu tashiga qadar olishdi. Oʻsha yerda yarim soatcha qolib ketdik. Gung tasvirchini undan ajratib boʻlmasdi.

Shu yerga kelganda qoʻl-oyog‘im boʻshashib, xushim boshimdan uchib borayotgandek bir holga tushgan edim. Oh! U baxti qaro xonadon! Na Adol xolamga, na Marg‘u kennoyimga, na boshqaga buyurgan bu uy, bu joylar, hali omon turgan ekanmi? Hammayoq ostin-ustin boʻlib ketganida Xudo uni shu kunga qadar nega asradi ekan? Shular kelib, suvratga tushirib ketishlari uchunmi? Nima bu, taqdir yozmishimi, yo tasodif? Qandayin ham aqlga sig‘dirasan?

Joʻra akam mening holimdan bexabar davom etar edi:
— Keyin Tuvakka oʻtib, Boʻzsuv boʻylariga tushdik. Omon qolgan jaru jurlarni, tepasida oq kaptarlar porillab uchgan Boʻzsuvni, uning qiyoqzorlarini xoʻb tomosha qilib, suvratga olishdi. Kattabog‘ning bir chekkasida eski shiypon buzilmay qolgan ekan, oʻsha yerda choy ichdik, undan sizlarning eski hovlingizga oʻtishdi.
— Yopiray, qanday topib borishdi? — Oʻylab gapiryapsizmi, degandek tikildim. — Yo rejalarida bor ekanmi?

Joʻra akam yelka qisdi:
— Unisini bilmadim. Lekin doʻmlar oralab oʻtib borayotsak, (taniyman-ku, axir!) tomi ochilgancha valongor yotgan ekan, oyog‘im tortib olib kirdim. Ular ham koʻrib, koʻp achinishdi.
— Gung tasvirchingiz-chi?..
— Yoʻq, — dedi Joʻra akam bosh chayqab, — U anhor boʻyida qolib edi. Chiqsam, tagidan arralab tashlangan yong‘oq toʻnkasi ustida tizzasiga kamerasini qoʻygancha izzatini bilgan papaus qabilasi yoʻlboshchisidek tek qotib oʻtiribdi. Koʻzi vayronadayu yuzi qilt etmaydi. Ammo vajohatidan odam qoʻrqqulik! Chindan nima boʻpti ekan deb, boshi mushtdek oʻzi davangirdek xabash kinochiga qarasam, (bitta shunisi chalakam-chatti oʻrischa bilarkan!) yelkamga qoqib:
— Ustal, ustal, — deydi.
— Ana oʻtiribdi-ku, ustaldan ham a’losida... poshshoi olamga oʻxshab, — debman. Oʻl deydigan odam yoʻq. Buyam temirmas-ku, charchasa-charchagandir, ozmuncha xarobalarni oldimi, toʻrt qavatli koshonalar yonida? Balki bundanam xarob oʻz qishloqlarini, quvg‘in elatdoshlarini eslab ketgandir? Sivilizatsia degan balo xarob etgan jannatmakon diyorlari koʻz oldidan ketmay qolgandir balki? Bir koʻnglim yelkasiga qoqib taskin bergim, biz ham sendan kam emasmiz — tirik turib nimalardan judo boʻlmadik degim keldiyu, aytolmadim. Til bilmagach, qanday tushuntirasan?!

Men esam, afsus-nadomatdan oʻzimni qoʻyarga joy topolmasdim: kelib-kelib shu bugun jujur boʻlib qolamanmi?! Oʻzim borishim kerak ekan! Oʻz koʻzlarim bilan koʻrsam... nima gapligini anglab yetardimmi, aniq-taniq tasavvur etardimmi! Ungacha bu qorong‘uligicha qolaveradi shekilli.
— Shoshmang, keyin-chi? Keyin qayoqqa olib oʻtdingiz? Borishdimi yana biron yerga? — dedim ijikilab.
— Hamma gap shunda-da, shu Kattabog‘dan koʻchib borib, vatan tutgan yerlarini koʻrsak boʻladimi, deyishdi. Men qayoqqa ham olib oʻtardim, sizlarnikiga boshlab bordim.
— Ana xalos! Nega, axir! — Esingiz joyidami deb yuborishimga bir bahya qolgan edi: odam ham shunchalar sodda-toʻpori boʻladimi?! Ketidan keladigani-chi, gap chiqsa, tinch qoʻyishadi ekanmi keyin?

Men oʻzimdan ham burun kennoyimni, Yodgorni oʻylamoqda edim. Mahalladagilar tushungani bilan hukumat tushunarmidi! Bir kami qochqinning ayoli deb surishtirishlari, soʻroq berib yurishi qoluvdi!
— Yaxshi boʻlmabdi shu ishiz, — dedim xafa boʻlib.

Men oʻrnimdan turib azza-bazza joyimga qayta boshlagan edim, Joʻra akam yelka qisdi:
— Nimasi yomon, mehmon otangdan ulug‘ degan gap bor. Sizlar chaqiribsizlarmi?..

Mening kayfiyatim buzilib, shashtim tushib ketib boʻlgan edi.
— Ular kelib-ketadigan odam. Soʻralgandan biz soʻralamiz. Bilasiz-ku, xonadonimizda nozik odam bor,— dedim toʻng‘illab.
— Ular ham kinoga tushishdi, ona-bola. Osmon uzilib yerga tushgani yoʻq.
— Tushishdi? — dedim qaltirab.
— Nima boʻpti, hamma qatori, — dedi hamxonam.

«Dard boʻpti!» devorgim keldi-yu, tilimni tishlab qoldim.

Xayolimdan esa, birov buyurgan, buyurmasa, ular borib yurmasdi, suvratga tushirib yurmasdi! Lekin oʻsha birov kim, derdim-u, javobiga ojiz edim.
— Ulariz qayda? Koʻrsa, biron og‘iz gaplashsa boʻ-ladimi, oʻzi? — dedim nihoyat hovrimdan tushib-tusholmay.
— Yuring opchiqaman, mehmonxonaga tashlab kelganimga nari borsa, biron soat boʻldi-da, — dedi hamxonam menga achinib.
— Jildik-jildik, jujurlik qochib ketmaydi. Loaqal birontasi bilan tanishtirib qoʻying, — dedim iltijoga tushib.

Hamxonam turib, oʻsha urininqiragan plashini daroz yelkasiga ilar ekan, negadir oyog‘i tortinqiramay imilladi:
— Olinadigan narsalar olib boʻlingan boʻlsa, nimadan choʻchiysiz? — dediyu yuzimdan oʻtolmay ostona xatlab yoʻlakka chiqqan joyida qarshimizda kotib koʻrindi. U kishi jilmayib turib, odamni «uzib» olardi:
— Ha, Maqsud Toʻraxoʻjaevich, sahifalar qalashib yotib, oʻzlariga yoʻl boʻlsin?
— Xorijdan mehmon kepqopti. Tushamanu chiqaman, — dedim og‘zimga kelganini qaytarmay.

U kishi mehmonni ulug‘ koʻrardi, meni qaytara olmadi:
— Yaxshi, tushingu chiqing, mehmonni Joʻra akangiz ovutib tura qoladi.

Biz mehmonxonaga chiqishga chiqdigu, Afrikaning qaysi bir goʻshasidan kelgan qora tanli oʻsha kinochilarni topolmay, necha qavatiga bosh suqib chiqdik. Ular koʻp edilar, lekin birontasi hamxonamni tanimas edi. Qolaversa, papauslar yoʻlboshchisi kabi bejanib olgan gung tasvirchi hech yerda koʻrinmasdi.

Gidlar xonasiga kirib surishtirsak boʻlardi-yu, ishni buzib qoʻyishdan qoʻrqdik.
— Meni tergov berib yursin desangiz, kirasiz, — deb turib oldilar Joʻra akam.

Men u kishini ayadim, harqalay necha yillardan beri birga ishlaymiz, qora tortib, birga borib, birga kelamiz. U qora zanjilar biz yoʻqotgan diyorning qolgan-qutgan urvoqlarini suvratga olib ketgan boʻlsalar, bunda ham bir hikmat bordir, sabr qilaylik-chi, derdim.

Shunday boʻlsa-da, ertasiga festival yopilib, ular joʻnaydigan kuni Joʻra akam ikkalamiz aeroportga chiqdik. Men nimagadir birrov boʻlsa-da, oʻsha papauslar yoʻlboshchisiga oʻxshash gung tasvirchini bir koʻrgim kelar edi. Ammo dunyoning turli chekkalaridan kelgan oq, qora, sariq tanli kino yulduzlari ichida birgina oʻsha papauslardek kiyingan odamgina koʻrinmasdi. Yo biz chalg‘ib oʻtkazib yubordik, yo u oʻzini tanitmay oʻtib ketdi.

Men eski hovlimizu yangi hovlimizgacha kirib borgan, shuncha yerdan kelib, biz uchun aziz bir diyorning qolgan-qutgan yodgor joylarini suvratga olib ketgan bir insonni koʻrmay qolganimdan dog‘da edim. Bu qandayin safar ediki, yonida turib biz ham bexabar qolgan edik. Balki Xudoyimning xohlashi shunday boʻlgandir. U behikmat emasdir, axir?!.

Yig‘lasim keladir, ey yoronlar!

«Akam oʻrnida akajonim, Chaman aka!

Eng og‘ir, eng mushkul damlarda har kimning bir ishonimli, suyansa suyangulik kishisi boʻlsin ekan! Bunday qarasam, dardimni toʻkib, ichimni yorgudek yaqinlarim koʻp. Oyim borlar, maslahat solsa solgudek, ayolim bor, ichimni yorsam yorgudek. Akamning ukasi — Olim akam bor, borsam borgudek. Yodgorning ayasi — kennoyim bor, meni yeru koʻkka ishonmagudek. Lekin bu gapni, keyingi kunlarda dardi-dunyomni ostin-ustin qilib tashlagan bu voqealarni men ularga qanday ham aytay?! Ularni ham oʻzimdan battar kuydirmoqqa, tashvishga qoldirmoqqa haqqim bormi?! Ochig‘i, bu dardni ularga toʻkmoq tugul, uchini chiqarmoqqa haddim sig‘may keladir. Oʻylab koʻrsam, hali ham boʻlsa bu gapni sizdan boʻlakka yorilolmas ekanman, maslahat sololmas ekanman. Shu umidda (ichimga sig‘dirolmay) qidirib borsam, yoʻq ekansiz. Sabrim chidamay, bir vaqtlar Yodgorlar turgan boloxonaga chiqib, shu xatni yozib, qoldira qoldim.

Ayting, nima qilay? Boshlig‘imga ariza koʻtarib kiraveraymi, yo chaqirgunlaricha, kuta turaymi?

Shunday boʻldiki, men umrimda birinchi marta bosh muharrirning topshirig‘ini rad etdim. «Men bu xildagi yumushlarni ado eta olmayman. Kim oʻziga ep koʻrsa qilaversin», debman kotiblariga. Yoʻq, men ishsiz qolishdan qoʻrqmayman. Bir amallab kunimni koʻrib ketarman. Lekin Yodgorlarga nima boʻladi? Tekshir-tekshir boʻlib qolmasmikan?

Tushuntiribroq aytsam, Toshkentdagi oʻsha Osiyo, Afrika mamlakatlari kinochilari fetivalidan soʻng shunday voqealar sodir boʻlib ketdiki, ularni bir og‘iz soʻz bilan aytishga til, tasvirlashga qalam ojiz. Bizda qoʻli-qoʻliga tegmay, hatto harf-klavishlariga qaramay shatillatib yozib tashlaydigan mashinkachi opoy — Gulsuma opa borlar. Shu kishiga biron ta’sirli voqeani yozdirib qolsak, «Iy, yig‘lasim kela!..» deb kaftlari bilan mijjalarini artaveradilar. Biz buni qarichilikka yoʻyib, miyig‘imizda kulib qoʻya qolardik.

Rostini aytsam, Chaman aka, oʻsha ahvol oʻzimning boshimga kelib turibdi! Eslasam, opoy aytmoqchi, ichim toʻlib, yig‘lasim keladir.

Hammasi oʻsha dardisar jujurlik kuni kech kelganimdan boshlandi. Oddiy kunda boʻlsa, zilziladan jafo koʻrgan oʻzbeklarning eskiyu yangi vatanlari haqida hujjatli film olishni niyat qilgan festival mehmonlarini soʻragan joylariga men oborishim kerak ekan. Nasib qilmasa, shu-da, men qolib boshqa kishini qoʻshib joʻnatibdilar. Keyin tafsilotini eshitib, hayronlar qoldim. Oʻlay agar, xabash kinochilarining niyatlariga tushungan boʻlsam! Yangi joylarimizni olmoqchi boʻlishsa, nega buzilmay qolgan chaldevorlar oralab yurishibdi? Oxiriga qadar surib, koʻmib tashlanmagan Izza soylarimizni, Boʻzsuv tepalariyu hov bir vaqtlar akamgilar qarorgoh tutib, jon saqlagan Kattabog‘ tagidagi joylarni suvratga tushirib yurishibdi? Bunda qanday siru sinoat bor? Nega bizning eski hovlimizu yangi joylarimizgacha qidirib borishadi?

Men Joʻra akamdan haligacha xafaman. Oʻsha xabash kinochilarni qaerdan qayoqqa boshlab borganlarini aytib oʻtirguncha: «Hey, Maqsud — pakana pari, yur, senga bir narsa koʻrsatay. Uzoq xorijdan kelib, sizlarning eski hovliyu yangi joylaringizgacha borgan, uy ichlaringizni kinoga tushirib ketgan zanjilarni tanishtirib qoʻyay. Keyin oʻpkalab yurma!» demaydimi?! Keyinchi, keyin aeroportgacha chiqib borib oʻsha papauslar yoʻlboshchisiga oʻxshab peshonasini kumush belbog‘ bilan tang‘ib, boshiga pat qadagan tasvirchining soyasini ham topolmay qaytganimizda ayt-gan gaplari-chi, hammasidan ham oʻtib tushdi.
— Maqsud, rostini aytsam, kecha senga bir narsani aytishni unutibman. Oʻsha pat taqib, almoyi-aljoyi kiyinib olib, oʻzini kim deb fahmlagan gung tasvirchi, bilasanmi kim ekan?! — deydi.

Ichim uzilib tushgandek toʻxtab qopman:
— Kim ekan? — dedim jon bitib.
— Musulmon ekan. Qora xabash boʻlsayam, bizdan tuzukroq musulmon ekan! — deydi.

Men bu gapdan qotib qolgan edim:
— Qanday? — deya oldim zoʻrg‘a.
— Qanglidan oʻtib borayotib edik. Men oldingi oʻrindiqda edim, bir mahal qarasam, orqada oʻtirgan oʻsha gung tasvirchi kishibilmas yuziga fotiha tort-yapti... Ichimdan muzdek ter chiqib, baqa boʻlib qopman. Negaki oʻzini chin musulmon sanagan biz qolib, u Terakli ota qabristonida yotganlarga rahm tilamoqda edi...

Shu gapni eshitganimdan beri ichim yonadi! Nega oʻzim boʻlmadim, oʻz koʻzim bilan koʻrmadim! Koʻrganimda bunday shubhalar girdobida qolmasmidim, oʻzimda bir qat’iyat topib bu ishlaridan ham voz kechib keta qolarmidim? Hozir nega qoʻl siltab ketolmayapman, nima, qanday ilinj tutib turibdi, oʻzim tushunolmayman. Balki u men oʻylagan kishim emasdir?! Darrovda sir boy bermaslik kerakdir?! (Nima demoqchiligimni tushunayotgandirsiz, Chaman akajon?!)

Navbatchilikdan yarim kechalarda qaytsam, eshik tagida Yodgor oʻtiribdi.
— Amaqu, bilasizmu, biznikuga kimlar kelishdu?— deydi suyunchilab.
— Kimlar? — dedim ichim bir zil ketib.
— Najoshiy yurtudan bir talay kinochilar kelishdu.
— Nima deydular? — deya oldim.
— Oʻzuning tiluda «moro-moro»laydur, xolos.
— Salomidir-da.
— Balki, lekin bittasu soqov ekan, amaqu. Hech yoqqa qaramay kamerusining koʻziga tikilib yotuptu, aylantiradu biznu oladu, aylantiradu biznu oladu.

Sizga yolg‘on, Xudoga chin, shu gapidan etlarim jimirlab ketdi...
— Sizlar kim — ayang, senmu? — deya oldim zoʻrg‘a.
— Ha-da, unga saru ayam xijolat tortadular, oʻranub chirmanadular. Axiyru uyumuzga kirib ketub qutuldilar. Nega unday qildiz desam, suratga tushish — gunoh, deydular. Toʻg‘rimu shu, amaqu?
— Ayang aytgan boʻlsalar, oʻzlariga toʻg‘ri, — deyapmanu oʻzimni xayol opqochib ketyapti. Yodgorning boya¬gi gapi: «Aylanadu biznu oladu, aylanadu biznu oladu»si ketmayapti. Chindanam nega?

Hovliga kirib bordigam, Yodgor ichidagini toʻkib solib tugatolmaydi:
— Bilasizmu, amaqu, oʻsha yelkasuda zilday narusa koʻtargan, boshudagi patlari bir chiroyluv tovlanup-selkungan gung tasvirchiga ayam bir piyola choy berub edilar, oborsam ichvolub qoʻli koʻksuda mulozamat etsa deng...
— Shoshma-shoshma, qoʻli koʻksuda deysanmi? — deya toʻxtab qopman.

Yodgor ham yelkamga osilib, qulog‘imga shipshir edi:
— Koʻksuda-koʻksuda: rahmati biznukiga oʻxshaydukan.
— Adashmayapsanmi?
— Unda... unda peshonasudagi terlarnu... sidirub artushi-chu?
— Yoʻg‘-e,— dedim hayratim ortib,— Tasodifdir.
— Oʻshanda... chakkasuda nima koʻrdim, deng, amaqu?!
— Nima koʻrding? — dedim yuragim taka-puka urib.
— Toji taguda oq chanduq bor edu...
— Voh, nimalar deyapsan, qayoqdagi narsalarni esga tushirib? Adoyi-tamom etding-ku odamni!.. — deb ostonaga oʻtirib qopman.

Ana shunaqa gaplar, Chaman aka! Rostdanam u boʻlsa, oʻzi boʻlsa, nega bizga birrov koʻrinmay ketdi?! Yo sizga bildirgan, jindek belgi bergan joyi bormidi?

Chaman aka, bu hali hammasi emas. Men ne armon, ne gumonlar ichida yurgan bir kezimda, oʻsha festival mehmonlari joʻnab ketganlariga bir hafta ham boʻlmay bir kuni ishxonada tarjimon qidirib, chop-chop qilib qolishdi. Asil tarjimon bir kun avval tongotar ishlagan, mashina yuborib oldirib kelay deyishsa, telefonni hech kim koʻtarmayotgan ekan. Yuqoridan tushgan material esa, shu sonda ketishi kerak. Bunaqa paytda mas’ul kotibga yoʻliqqan odamning shoʻri qurirdi. Taqdirning yozmishini koʻringki, shu paytda men roʻbaroʻ kelibman. Qarasam, feleton! Yana unaqa-bunaqasi emas, siyosiy feleton! «Hoy, yaxshilar, insof qiling. Men birda-ikkida bunaqa narsani oʻgirmaganman. Chumchuq soʻysa ham qassob soʻysin», dedim. Qani, birov eshitsa! Hamma qochadi. «Oʻqib koʻring avval, halitdan dod-voy qilasiz!» deyishdi kotibiyatda.

Oʻqisam... Voh, Chaman aka, kim, nima haqda, deng?! Aytsam, esiz og‘ib qoladi!

Sulton akamga oʻxshagan sarhad ortida qolib ketgan bir odam!

Albatta, akamning vatanga hiyonat qilgan joyi yoʻq, tuzluqqa tupurgan joyi yoʻq. Yozmishi shunday ekan, begona ellarda darbadar kezib yuribdi.

Ammo bu... esimizni tanibmizki, vatan xoini atalib keladi. Bizni tuzumni qoralab, jild-jild kitoblar yozgan. Shunday «toʻnini teskar kiygan odam» nima qilibdi deng? Yurt sog‘inchi, koʻz ochib koʻrgan diyor oʻrtashlariga chidamay sirot koʻprigiga qadam qoʻyibdi. Va qarangki, ona yurtiga sayyox qiyofasida kirib kelib, koʻrib ketibdi! Buni hech kim sezmay ham qolibdi!..

Meni qanday jin urgan edi, qoʻlimga qalam ololmasdim, oldim deguncha koʻz oldimga akam singari vatanjudolar kelaverar, feletonning bir satriga ham tishim oʻtmas edi.

Qolaversa, Chaman aka, boshqa bir narsa, kechagi zanji kinochilarning biznikiga tashrifi, eski-yangi hovli-joylarimizni, Boʻzsuv boʻylarini, akam qadami yetgan joylargacha borib tasvirga tushirib ketishgani yodimga tushib, ichim muzlab-muzlab ketmoqda edi. Bularning hammasida allaqanday bog‘liqlik bordek, bejiz emasdek edi. Rostini aytsam, agar shu feletonni tarjima etsam, men ular aytayotgan allaqanday bir vatangadoni emas, tirik turib bu diyordan judo boʻlgan oʻz akamniyu oʻsha yoqlarda qolib ketgan boshqa vatanjudolarni qoʻshib yozayotgandek edim. Agar shu ishni qilsam, taqdir taqozosi-la butun dunyoga toʻzib ketgan, vatanning bir siqim tuprog‘iyu bir qarich yeriga zor kishilar qarg‘ishiga qoladigandek edim.

Nima desalar-desinlar, qanday tushunsalar-tushunsinlar, men feletonni qaytarib berdim. Bosh muharrir eshitib, u qanday noshukr mirzo, ketgisi kelyaptimi bizdan, deganmish. Men akam uchun agar kerak boʻlsa, oʻsha ishdan ketishga-da tayyorman. Albatta, ular akam bilan bog‘liq u tarixlarni bilmaydilar. Bilsalar, bir kun ham turgizmasliklari aniq.

Shunaqa gaplar, Chaman akajon. Yo yillar ichimdagi mitti cholni yanada qaritdi, yo boshimizdan kechmish savdolar koʻksimda bir tur oʻzgarishlar yasadiki, turib-turib men oʻzimni tanimay qolayotirman. Boshimda esa, g‘ujg‘on savollar: nimaga kelganmiz dunyoga? Avvalda ne niyatda edigu, nimaga erishdik? Ertaga g‘alvir suvdan koʻtariladigan paytlar ham kelar, lekin biz u g‘alvirdan nima topgusimiz? Koʻz oldimizda jigarimizning jigarlari qalbi dog‘liq, oʻzi mungliq yashab oʻtmoqdalar. Lekin biz jonni nisor qilib boʻlsa-da, oʻsha dog‘, oʻsha mungni ketkizmoqqa qodirmizmi?

Judoliklariga malham boʻlarli bir harakatlar etmoqqa-chi? Akam sarhaddan oʻtolmagan taqdir-da, uni tushunish mumkin, unga mumkin emas, nega biz daraklab bormadik, borolmadik? Shunchalar qoʻli kalta, oʻzi ojiz kishilarmizmi? Nega Allohga tavakkal qila bilmaymiz? Yo undaylarning zamoni oʻtgan, ularning soʻnggisi akam edimi?

Rosti, Chaman aka, bu notavon ahvoli-holimdan, Gulsum opoy aytmoqchi, yig‘lasim keladir.

Nahot akamga, oʻsha oʻzingiz qiyomatli doʻst tutingan bir kishiga, shuncha yillar kechib, bir yordam qoʻlini choʻza olmasak? Bizni kim birimizni jigar, birimizni qiyomatli doʻst ataydi?! Jilla qursa, tomiri Yodgor bilan koʻrishtirmoq mumkindir?! Bu dunyo shunchalar temirqoʻrg‘onga aylantirib tashlanmagandir? Otayu oʻg‘ilu ahli ayol uchun diydor qiyomatga qolsa, biz unda Tangri oldida ne deb javob bergaymiz?

Ana shundan yig‘lasim keladir, Chaman aka!

Maqsudingiz».

Sim-sim kalidi yoxud hamma rozi boʻladirgan koʻshish

Begim kunlari ham baharnav ekan. Ish bilan — sahifa tushirish-chiqarish, hali muharririyat, hali kotibiyatga yugurish bilan kun qanday oʻtganini ham bilmas ekansan. Bu shanba uyda qolib, hech yerga sig‘mas edim.

Feleton bilan bog‘liq voqealarni kimga ham ayta olar edim! Oyimlarga yorila olmadim. Kennoyimga uchini chiqarib qoʻysalar nima boʻladi? Oʻzining kuygani kammi? Nima boʻlsa, Xudodan koʻrdim: damimni chiqarmaganim ma’qul.

Lekin boshimda osilib turgan bir xavf hech tinchlik bermasdi. Nahot bitta topshiriqni deb... shunchalikka borishsa?! Shu bahonada ishdan haydab, mirzolikka yoʻlatmay qoʻyishsa-ya? Koʻnglim shunaqa yomon oqibatlarni sezib turgandek edi. Ayniqsa, anuv raport1 yomon boʻlgan edi. Muharrirga «Mahmudovning injiqligi bilan kechikib ketdi» deb yozib berishibdi. Albatta, oʻsha raportga topshiriqdan bosh tortdi, siyosiy feleton bu kishimning didlariga oʻtirmasmish, deb qoʻshishgan edi. Ular nimaga shama qilishganini avvaliga tushunmagan ekanman. Muhokamada:
— Xorijda qolib ketgan kimiz bor? Feletonning nimasi sizga yoqmadi? — deb savol berishganida peshonamdan muzdek ter chiqib ketdi. Chindan men tarjimani qaytarib berib, qovun tushirganimni sezib qolgan edim.

Lekin javob bermaslik ham mumkin emasdi:
— Akam, — dedim oʻz tovushim oʻzimga g‘alati eshitilib. Men nima boʻlsa-boʻldi deb, chiniga koʻcha qolgan, hech qanaqa yolg‘on yordam bermasligini anglab yetgan edim.
— Ana, xalos!..
— Akangiz?..
— Yoʻg‘-e...
— Chindan tug‘ishganizmi? — deya har tomondan hayrat aralash savollar yog‘ila ketgan, tahririyat a’zolari bir-birlariga qarab qolishgan edi. Bu qarashlarda: «mana, qanday odam bilan ishlayotgan ekanmiz! Maxsus boʻlimning koʻzi qaerda?» degan ma’no ham yotar edi.

Nima boʻlsa, boʻldi deb, men yana chiniga koʻchdim. Xudo asrasa, shu chin-rosti bilan ham asraydigandek edi:
— Asli xolavachchamiz, lekin oʻzi bizga akadek boʻlib ketgan.

Hayxotdek xonaga og‘ir sukunat choʻksa, yomon boʻlar ekan. Odamlar bir og‘iz soʻz, bir harakat bilan boshlaridagi «baxt qushi»ni uchirib yuboradigandek qilt etmay qolishgan, nigohlari yer chizar-u quloqlari ding holda bosh muharrirning hukmini kutar edilar.

Nihoyat uzun stol boshidagi kichik jussali, qora-toʻri odam oldida qog‘oz shitirladi. U kishi ensasi qotgan paytlari odamning aftiga emas, kattakon xona-ning bir burchagiga qarab aytadiganini aytib olaru jahldan ham tez tusha qolar edi.

Men shu daqiqada «yaxshiyam shu odam bor, boʻlmasa, manavi «dev»lar meni xomtalash qilib, yutib yubora qolarmi edilar. Xudo unga toʻzim bersin» degancha tik turar edim.
— Avvalo, bizda qoida qanday, Fayzullaxon? Chumchuq soʻysa ham qassob soʻymog‘i kerak emasmi? Siyosiy feletonni hamma qolib, shularga berasizmi? Ayb oʻzlaringda. Mashina yuborib boʻlsa ham tarjimonni topdirib kelish kerak edi! Sizlar esa, shunday narsani kimga ishonibsizlar! Hol qoʻyib ag‘darib bersa, kim javob berardi?! Sizga esa, oʻrtoq Mahmudov, uch kun juvob. Oʻylab keling, bundan keyin bizning dargohda ishlay olasizmi-yoʻqmi? Oʻshanga qarab taqdiringizni hal qilamiz. Boring.

Men chiqib, oʻzlari qolishdi.

Qaysi «dev» zoʻr berib, qurbonlik talab qilaru qaysinisi afv etib, gunohimdan oʻtilishini istar edi, u yog‘ini bilmasdim. Men ularning changalidan qutulganimni ham, qutulmaganimni ham bilmasdim...

Oʻshandan beri ichkari uyga qamalvolib, yostiq quchoqlab yotibman. Uydagilarning nazarida bir topshiriq olganmanu oʻshani yozib bitirmaguncha chiqmaydigandekman. Non-choylarimgacha opkirib berishyapti. Meva-cheva, shirinliklar, tansiq taomlar ilinishadi, qani ishim bita qolsa.

Oʻzim esa, kallam g‘um, na uxlab-uxlay olaman, na «yozib-yoza olaman». Odamlarga-ku umuman, koʻringim yoʻq. «Uch kun juvob»ga shunchalik, ishdan boʻshatib yuborishsa, nima qilar ekanman?! Kallamga esa, bir epaqali fikr kela qolmaydi. Nima gap topib borishim kerak ekan, bosh muharrir nimani istaydi, yalinib-yolvorishimnimi, tavba-tazarrumnimi, uniyam bilmayman.

Qolaversa, nega tavba qilishim kerak? Oʻsha koʻnglimga yoqmagan narsadan bosh tortganim uchunmi? Asli oʻzi bizning boʻlimga tegishli boʻlsa ham mayli ekan, tegishlimas-ku. Demak, qaytarishga haqqim bor.

Ular-chi, shunga siyosiy tus berishga haqlari bormi?

Shu yerga kelganda tilim aylanmay qola boshlar edi: bironta ermak gazetada ishlasam boshqa gap edi. Oʻzimni tinchimni koʻzlasam boʻlaverardi, bilinmasdi. Bu respublikaning markaziy gazetasi, har narsaga siyosiy baho beriladigan joy boʻlsa, shunisi nozik edi. Men esa, kayfiyatimni sezdirib, chuv tushib oʻtiribman. Boshqa roʻkach topishim kerak shekilli, toki ojiz joyimdan ushlay olmasinlar...

Shunda ham ikkita narsa menga qorong‘i edi: ular bu mavzuni yoqtirmasimni qaydan bila qoldilaru uni xorijdagi akamga qanday bog‘lamoqdalar? Toʻg‘rirog‘i, bu narsani qaerdan bilibdilar? Kim aytgan boʻlishi mumkin?..

Qorong‘i uyda qamalib yotganimdan foyda yoʻqdek edi, ichim ham ezilib bitmoqda edi.

Axiyri biron najot umidida otlanib chiqib, shaharga survordim. Chaman akamni uydan topsamoq hamma mushkulotdan bir yoʻla qutuladigandek edim.

Idorada bekorga «maxsus boʻlimning koʻzi qayoqda» degan gap boʻlgani yoʻq. Bu boʻlimga esa, Chaman akamning soʻzi oʻtishi mumkin. Oʻsha boʻlim «u odamning bularga dahli yoʻq desayoq...» Qanday shayton yozg‘irdi, shu fikr kallamga urilganidanoq fe’lim aynidi. Oʻz-oʻzimni yomon koʻrib keta boshladim. Nazarimda, mendan palid odam yoʻq edi! Yoʻq, Chaman akamdan bunday yordam soʻramayman, zinhor va zinhor! Undan koʻra, bor gapni aytib, maslahat soʻrash lozim. Balki akam uchun jondan aziz ishxonamdan ham kechsam arzir?!

Ammo omad yuz oʻgirgan ekanmi, Chaman aka har galgidek uyida emasdi. Noiloj, xat yozib, tashlab keldim.

Umidsiz, nesiz, suvga tushgan boʻlkadek boʻshashib uyga qaytsam, koʻcha eshik tagida almisoqdan qolgan bir «drundalet»1 turibdi. Quvonib uyga yugurib kirsam, Olim akam kutib oʻtiribdi.

Yombi topgandek quchoq ochib borib, bag‘riga oʻzimni tashladim. Negadir oʻzim sir bergim kelmasa-da, sal narsaga oʻpkam toʻlib, ovozim oʻzgarib bormoqda edi. Ich-ichimdan Xudoga tavallo qilaman: «Tangrim, oʻzing toʻzim ber. Tilimu diydamni mahkam et. Oʻzingdan boshqa murabbiyim yoʻq, har nomardga muhtoj etma!» Shunday ontlar ichayotgan boʻlsam-da, nazarimda, Xudoning oʻzi uni yetkazib turgandek tuyilaverar edi.
— Shanbalarda ham uyda oʻtirmagin. Ishxonangdan nima topgansan? — deb gina qila ketdi Olim akam.
— Yoʻq, oʻzim shunday, — deb sir bergim kelmadi yana. Qolaversa, oyimlarning oldilarida u gapdan og‘iz ochib boʻlarmidi!
— Shunaqa, uyga sig‘may qolgani kamdek «ichimdagini top» boʻlib olgan, — deb koyindilar oyim.

Men ichimga sig‘masa-da, siporishladim:
— Yodgor bilan bog‘izning tagiga, baliq oviga oʻtamiz, deb necha kundan beri otlanamiz. Mayli, desangiz ertaga...

Olim akam orqasidagi duxoba yostiqlar sig‘ishmay, birini olib tashlab, boshqasiga suyandi va chapanichasiga qoʻl siltadi:
— Oʻtmaganing ham yaxshi boʻpti, men yoʻq edim.

Tushunmay og‘ziga tikildim:
— Nechuk?

U oyimlarga bir qarab olib, emrandi:
— Jambulda safarda edim. Ikki haftadan beri oʻshaqlarda yuribman. Undan Yangiyoʻlga oʻtib kelyapman.

Oyim oʻzlaricha jilmaydilar:
— Ilgari u yoqlarga murid ovlagani chiqishardi, hozir nima bor ekan?

Olim akam ham sirli kuldi:
— Men esam eshonzodalarning izini izlab yuribman.

Oyim sergak tortdilar:
— Qanaqa eshonzoda? Kimlarga tegishluv?
— Pir darajasiga yetgan bir odamning iltimosimish... Oʻttizinchi yillardagi «qoch-qoch»da ahli ayoliyu farzandlari qolib, oʻzi xorijga oʻtib ketgan ekan. Endi tomirlarini. Toʻramdan soʻrab kelishibdi.
— U kishi oʻzlari uy qamog‘idalar-ku, qaydan bilsinlar, — dedim.

Olim akam Allohning dargohi keng degan ma’noda qoʻl toʻlg‘adi:
— Qaraki, soʻratgan odam ham shulardan ekan, ona tomondan Toʻramning tomirlari chiqib qoldi.
— Yo Alloh, kushoyish beraman desa shu-da, — deb yubordilar oyim, u kishining koʻzlari birpasda nam-lanib kela qolib, kaftlarini mijjalariga bosdilar.
— Topdinglarmi? — dedim hayratlanib: Axir orada qancha yil oʻtib ketibdi, pushti panohlaridan ayrilgan u yolg‘izlarning boshiga ne kunlar tushmadi ekan, manavi mushtiparlarga oʻxshab?! Oyimlarni, bizni qora tortib oʻtirganida shunchalik, ularning holi ne kechdi ekan?!
— Toʻram aytuvli odamlarga xat bitib bergan edilar. Surishtira-surishtira Jambulgacha borib kelibmiz. Axiyri bir yaxshi odam bir kishini boshlab kelib mushkulimizni oson etdi-qoʻydi. Dunyoda savobtalab, Alloh roziligi uchun jonini berib yuboradigan odamlar koʻp ekan. Boʻlmasa, oʻttiz yil ilgarigi izni topib boʻlarmidi?! Yangiyoʻldan topdik axiyri.— Olim akam oʻsha xorijda, yana Makkai mukarramada pir darajasiga yetgan odam uchun fiysabililloh harakat qilgani uchunmi, yo Toʻram taqsirning bir og‘iz iltimoslarini oʻrinlatib kelgani uchunmi, tog‘ ag‘dargan odamdek xursand edi. Oʻzini yengil, emin-erkin his etar edi. Balki orqasida boʻlak gaplar ham bordir. Aytmay turgandir?

Lekin shu topda unga sidqidil havasim kelib tursa-da, oʻzimni tushuniksiz hislar qamrab bormoqda edi. Chindan ham dunyoning ishlari qiziq. Ot aylanib-aylanib qozig‘ini topishi shumikan? Kechagina oʻlgan-tirilganiga qaramasdan hukumatga xizmatdan boʻlak narsani bilmagan odamning bugun savob umidida shaharma-shahar kimning zurriyotlarini izlab yurishi — chindan hayratlanarli edi. Hamma ham shunday qila olsin-chi, qunt qilgan fursat topmas, fursat topgan oʻz tashvishlaridan ortmas. U esa, uy-joyini, oʻzini unutib, shuning ketida yuribdi. Moʻmin moʻminga bundan ortiq qayisha olmas.

U shunday yaxshi tashvishlar bilan kuymanib yurganida men ishim orqaga ketib, taqdirim nima boʻlishini bilmay (bu haqda hatto birovga yorilolmay!) uyda koʻmilib oʻtirishim chindan g‘alati edi. Oyning oʻn beshi yorug‘, oʻn beshi qorong‘i deganlari shumikan? Olim akamdek odam yoʻlini topib olganida men qorong‘i koʻchaga kirib qolsam, juda-juda g‘alati-da. Nimalar boʻlyapti oʻzi? Nimada adashdim, xato qildim? Yo kim bilib oʻtiribdi deb, oʻsha narsani oʻgirib beraverishim, ichimdagi narsaga tupurishim kerakmidi?! Hech qachon! Men unday qilolmasdim, boshimda qilich turib, dor oldiga olib borsalar-da, rozi boʻlmasdim! Shu mening «men»ligim edi! Hamma-hamma bilan men Sulton akamga oʻxshab, e’tiqodi-iymonini deb vatanidan ayrilganlarni soʻkolmasdim, xoin deb atolmasdim! Hamma tomdan tashlasa-da, men tashlay olmasdim! Oʻsha dor tagidagilar tarafga oʻtsam-oʻtib ketardimki, ularni sota olmasdim. Shuni deb balki uch kun oʻtib, ishdan ham ketarman. Hozir-chi, qadrimga yig‘lab oʻtirishim qiziq. Tanamga oʻylasam-chi! Kim komil boʻlib tug‘ila qolibdi! Inson qadriga yig‘lay-yig‘lay oʻzini taniydi, oʻzligini topadi-ku. Bizga ham shu yoʻlni bosish nasib etibdi, Oʻziga shukr qilmaymanmi?!
— Alloh rozi boʻladirgan koʻshish ekan, savobning tagida qopsan, bolam, savobning tagida, — dedilar oyim mutaassirlanib.
— Suyunchisi-chi, suyunchisi? Katta boʻlgandir? — dedim men unga tegishib.

Olim akam xijolatlanib iljaydi:
— Xolam aytganlari yetadi menga. Alloh roziligidan ortig‘i kimga kerak! — dedi u. — Qolaversa, bu yoqda bu Toʻram xursand, u yoqda u Toʻram xursand. U kishining mushfiq zavjalari, oʻg‘il-qizlari xursand. Ikki oʻrtada turgan muftiy taqsir sidqidil duo qildilar. Bundan ortiq nima kerak menga?!
— Yuz yilga tatiydigan ish boʻpti! — deb yubordim men.
— Ikki dunyoingga yetarli, boʻpti, bolam. Bunaqa savobni hamma ham topsin-chi, — dedilar oyim. U kishi ta’sirlanganlaridan oʻtirgan yerlarida shasha-doka roʻmollarining uchini dam u, dam bu mijjalariga bosar edilar.
— Bu hali hammasimas, xola. Toʻram taqsir oʻsha muftiy domlaga bir xat bitib bergandilar, oborsam: «Bizga shunchalik qayishib, Oltinxon toʻram oldilarida yuzimizni yorug‘ etgan Toʻramga jonlar nisor boʻlsin. U kishining iltimoslarini ado etmak bizga farz ham qarz. Hajga oʻrin izlab koʻramiz», — dedilar u kishi.
— Hajga oʻrin, kim uchun? — dedim hech narsaga tushuna olmay.

Olim akam oʻziga yarashadigan bir tarzda issiq jilmaydi va ovozini pastlatib men tomon engashdi:
— Yodgor bilan mushfiqa kelinoyimiz uchun. Bilasanmi, nima dedilar Toʻram? «Oʻg‘li er yetib qoldi, onasini Ka’batullohga olib borib, zamzamlarga qondirib kelsin. Haj asnosida dardlari arib ketgay, inshaalloh», dedilar.

Men ich-ichimdan bir yengillik tuyib:
— Ana, bor ekan-ku davosi! Shifosi oʻsha zamzamu sim-sim kalidi haj talbiyasi «Labbayka, Allohumma labbayk, labbayka la sharika laka labbayk1»... ekanmi?... — deb yubordim dardi-dunyomni unutib.

13. Dog‘i vatan yoxud g‘arib diyor suvratlari nimalardan soʻzlar?

Jahonda nima ulug‘ — lafzning ustidan chiqmoq ulug‘! Bu ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vassallamdan qolgan bir sunnat. Najoshiy diyoridan ort-tirgan oʻsha birodari oʻzi zanji boʻlsa ham iymoni butun ekan. «Sen tufayli kinom dunyoga tanildi, og‘izga tushdi. Avvalo, Alloh, qolaversa, sen qoʻllamasang, «Hijrat yurti»ni ikki dunyoda bunday chiqarolmasdim. Tila tilagingni!» deb kelgan oʻsha Qora darvesh uning bir og‘iz iltimosini qanday oʻrinlatibdi! Birodari Sultonmurodni qora yukchi-suvratchilari qatori ola ketib, uni ota mavze-mavozelariga qadar olib oʻtib, u aziz diyorning Yakkabog‘u Kattabog‘dek koʻzga toʻtiyo etsa arzigulik joylarini tasvirga tushirib kepti! Oh, bundan ortiq iltifot boʻluvi mumkinmi?! Vatandan bundan ortiq esdalik-mujdalar keltiruv mumkinmi?! Oʻzi qora boʻlsa ham koʻngli «Xajarul as’ad»dek oq ekan, pok ekan! Alloh rozi boʻlsin, sa’y-harakatlarining ajrini toʻliq qilib bersin, ilohim.

U xayrlashib ketdiyu Bahriddin oʻzini allaqanday g‘arib sezib qoldi. Hozirgina mehmon supasi, hovli-joylari ular vatandan keltirgan mujdalar bilan toʻlib turgandek edi, toʻyxonaga oʻxshab ketgan edi. Ular joʻnab ketishdiyu hammayoq huvillab qoldi. Sultonni Jiddada qoldirib kelishmasa, bunchalik yol¬g‘izlanib qolmasmidi. U Makkaga oʻtib ketganmish, oʻshanaqasi Oltinxon toʻram bilan uchrashib, qaytishda kiradigan boʻlganmish. Ungacha ichikib qolmasin deb, ona diyor suvrati tushirilgan videotasmalardan bir donaginasini tashlab ketganmish. Bu xamir uchidan patir, keyin bamaylixotir koʻramiz, deganmish. Bunda ham bir hikmat bordirki, Alloh shuni xohlabdi.

Bahriddin ona yurt xabarlaridan oʻzini qoʻyarga joy topolmay qolgan, hozir esa, hovlilariga qadar tutashib kelgan xurmozorlari tagidagi mehmonsupalarni oyog‘i olti, qoʻli yetti boʻlib. yig‘ishtirib yurgan zavjasini imlab chaqirdi:
— Qoʻy, onasi, xizmatkorlarga ham ish qolsin. Beri kel, qara, ular bizga vatandan nima keltirlar. Bunaqasi yetti uxlab tushingga kirmagan. Ostki qavatdagi salqin uyga joy qilsang, birga-birga oʻshani koʻrgaymiz. Oʻzimizdan boʻlak hech kimni qoʻyma. Xohlasak, koʻzyoshlarga erk beramiz, xohlasak, qayta boshdan koʻrib boʻzlashamiz. Boʻlaqol, — dedi.

Marg‘ubabonu erining oxirgi soʻzlaridan choʻchibgina yarim yoʻlda toʻxtadi:
— U nima, adasi? Oʻziz buyurganmisiz? Yo oʻz bilgilaricha, biron narsa topib keltiribdilarmi?
— Kirsang, koʻrasan, — dedi Bahriddin halitdan boʻg‘ziga bir narsalar qadalib kela boshlab, ovozi oʻzgargani oʻziga ham bilinmoqda edi. — Biz tug‘ilib oʻsgan ma’voni, sen kelin boʻlib tushgan joylarni suvratga tushirib qaytganmishlar.

Marg‘ubabonu bu xabardan ikki yuzini ushlab qolgan edi, yuzlari uyatdanmi, nimadan, balki chimildiqda yolg‘iz qolganlarini eslab, lov-lov yonmoqda edi:
— Voy, Murjimondagi oʻsha hovli-joylarizni-ya?
— Topdik-topdik, koʻcha yoqasidagi oʻsha uzun boloxonali uy omon qolgan ekan, deydilar. Qari tollar qirqilib ketganmish-u, tom omonmish.
— Subhanalloh, shuncha yil kechib-a? — Ikki oyog‘idan bor madori yerga oʻtib keta qolganmi, ayoli turgan yeriga oʻtirib qolgan edi.

Bahriddin uning bu holi-ahvolidan qoʻrqib ketib, oyog‘ini qoʻlga olib yugurdi. Borib zavjasining qoʻltig‘iga kirarkan:
— Holing kelmasa, mayli, onasi. Men senga ilingan joyim edi, — deb tasalli bera ketdi. — Balki jindek suv ichib yuborsan oʻtib ketar?..

U suv chaqirguncha boʻlmay, Marg‘ubabonu yengi bilan yelpinib, sal oʻziga keldi:
— Hechqisi yoʻq, adasi. Oʻtib ketdi shekilli, — deb turishga unnaldi. — Aytishga aytib qoʻydiz, endi chidab boʻladimi, yurak uzilib tushadi-ku.

Ular pastki qavatdagi salqin uy tomon yura boshladilar.
— Mayli, mayli, oʻzingga qara, oʻzing bilasan, yuraging koʻtarmasa, keyin ham koʻraveramiz, — dedi Bahriddinxoʻja uning koʻngliga qarab.

Ammo ayoli bosh toʻlg‘ab, yaxshiman, degan kabi jilmaydi, soʻng qoʻltig‘idan chiqib, oʻsha salqin xona eshiklarini ochgali oshiqdi: vatan sog‘inchi, vatan suvratlari oldida boʻlak narsalar oʻtaversin edi!

Ular oʻsha salqinlatib qoʻyilgan xos xonaga kirdilar-da, har ehtimolga qarshi eshik ilgagini ham ildilar. Vatandagidek qilib ustalarga yasattirilgan xontaxta yoniga, qoʻshqavat koʻrpachalarga choʻkkancha, tash¬qaridagi jazirama issiqni unutib, boshqaruv tugmachasini bosdilar. Na tasma shig‘illadi, na televizor mahtal etdi. Ana buni texnika desa boʻlardi! Tugmachani bosgan onda oynai jahon tasvirxonasi ochilib, yurakni orziqtirib yurt jamoli yuz ochgan va oʻziga ohanrabodek tortgan edi.

Avvaliga koʻz oldilarida tanib boʻlmas darajada yangarib ketgan ulug‘ shahar paydo boʻlib, hech narsaga tushuna olmay turdilar. Soʻng u ham orqada qolib, tasvirga olayotgan kinochilar tushgan mashina kunbotarga qarab oqqan allaqanday kanal yoqalab bora boshladi. Qarangki, uning ikki cheti keta-ketguncha tekis boʻy talashib oʻsgan mirzateraklar edi, ularning barglari shabadada uchirmaqanot qushchalardek parillagandan-parillar edilar. Mana buni ona diyor desa boʻlardi! Shamolda koʻk uklardek shildiragan mirzateraklarni koʻrib, har ikkalalarining-da yuraklari toʻkilishga tushgan edi. Bu qaysi suv ekanki, qirg‘og‘ida behisob teraklar boʻy talashib ulguribdi? Ustiga ustak, suv yoqalab ketgan kaftdek tekis yoʻlning bu yonidagi oq uy-olabargohlarni hech tanib boʻlmas edi. Uni qarang, hatto suv ustiga hatto beton koʻpriklar solib ham ulgurishibdi. Ammo u qaer edi, hech taniy olmasdilar.

Yoʻq, ana, oʻsha koʻprik yonida osma taxta koʻprik ham koʻrinib, endi tasvirchilar undan kimnidir oʻtkazib suvratga ola boshladilaru... u rosmana lopillashga tushib, Bahriddinxoʻja oʻzini tuta olmay qoldi:
— Ie-ie, axir bu Oqtepaning osma koʻprigi-ku! Oʻzimizning Boʻzsuv-ku, onasi! Tanidingmi?
— Voy, oʻshami? Novzadan boraverishdagi koʻprikmi? Oʻshani aytasizmi? — dedi ayoli.
— Ana, ana, chapga burilishdi! Yoʻl ilgarigi oʻrnida qolgan ekan! Novzani koʻchasi bilan Choʻpon otaga qarab kelishyapti! Meni aytdi deysan! — hovliqdi Bahriddin xoʻja. — Sen qarab tur, yoʻl yoqasida ho-zir azim sadaqayrag‘och chiqadi: agar surib tashlashmagan boʻlsa.
— Voy, nega surishadi, adasi, necha yuz yillik narsani-ya? Unaqada nima qoladi?! — deb achindi ayoli halitdan.
— Sen niyatlarini bilmaysan, onasi. Bu xalq g‘ururlanadigan narsa borki, hammasini yiqadilar, qirqadilar, yoʻqotadilar. Sen nimani bilarding, — dedi xojasi.
— Shu zilzila bahona oʻzlarini koʻchirib, jannatdek bog‘larimizni tortib olishganmishmi, adasi? Qarang, hammayoqqa toshqoʻrg‘onlarni «ekib» tashlashibdi. Bog‘lardan asar koʻrinmaydi-ku.
— Ular boʻladiyu qoldiradimi! Tag‘inam hammasini kun-payakun qilib ulgurmaslaridan suvratga olib qolishibdi. Boʻlmasa, tanib boʻpsan edi!

Shu orada kinochilar mashinasi tagidan bir an-hor suv oqib chiqayotgan koʻprikdan oshib oʻtib, rastalariyu doʻkonlarining tomlari ochib tashlangan bir guzarga kirib bora boshladiyu Bahriddinxoʻja uni tanib qolib, «voh-voh»lab yubordi:
— Vo-oh, onasi! Bu axir Choʻpon ota-ku! Harob boʻpti-ku guzarimiz! Men senga nima devdim?! Jannat diyorimizning urvog‘ini ham qoldirmaydilar, g‘ururlanadigan hech vaqomiz qolmaydi, demabmidim?! Guzarsiz, hovli-bog‘larsiz — biz kimmiz?! Hech kimmiz-da. — Alamdanmi, nimadan koʻkragi simillab ketdi, allaqaeri tuz sepilgandek achishardi.

Shu tob katta yoʻl yoqasida oʻsha aytgani — azim sadaqayrag‘och koʻrinib, ikkalalari-da shoshib qolishdi: Hayxot, unga nima boʻlgan ediki, butun boshli ulkan sada tag-tugi bilan qurib bitgan, ayni bahorda bironta ham barg yozmay, chumchuqvoylarga in-vatan boʻlib qolgan edi!
— Ana, xolos! Men senga nima devdim? — dedi Bahriddinxoʻja ichi sidirilib, — Ularning qaysi kasofatidan qurib ham bitibdi-ku.
— Hechqursa, qirqilmay qopti-ku, adasi, — dedi ayoli.
— Qurigan daraxt qachon bir yaxshilik keltirgan? Oʻzbek borki, kasri-kasofati urmasin deb, oʻsha zahoti arralab tashlaydi. Bular esa, tegishmabdi ham! Shundan bilaver, niyatlarini!..

Atrofda osmonni ham toʻsgudek bitib-bitmagan mahobatli toshqoʻrg‘onlar koʻrinar, ular oʻrtasida ilgarigi bog‘lardan na biron daraxt, na biron ishkom-bog‘ koʻzga tashlanar edi. Hatto soylargacha koʻmib, chimzorlarga dovur surib tashlashibdi.
— Ana senga diyoring!.. — dedi Bahriddinxoʻja «nimasini sog‘inasan, nimasini qoʻmsab bir yerlarga yetasan», degan kabi.
— Qay gunohimizga Alloh diyorimizni bu koʻyga solibdi, adasi? Gunohimiz borki... — dedi ayoli ovozi qaltirab.
— Bor, bor. Boʻlmasa, balo yubormasdi, — dedi xojasi ovozi oʻzgarib. Unga piqillab ayoli qoʻshildi:
— Hikmati nima ekan, adajonisi?
— Avvalo, biz oʻzbeklar oʻzimiz noahilmiz, ittifoq emasmiz. Agarki, — U turib, qaytib oʻtirgan, oʻzini biroz tutib olgan edi. — Oltinxon toʻramga, Sultonga oʻxshagan kishilarmizning etagidan mahkam tutganimizda edi, mana bunday jahonga toʻzib yurmasmi edik, muqaddas yerimizni kelgindilarga berib qoʻymasmi edik?! Eng avvalo, Allohga suyanib, Oʻziga tavakkul qila bilganimizda, shu kunlarga qolmasmi edik!.
— Uni qarang, adasi, qarang, bizni boloxona, bizni tom-ku, esladizmi? — deb yubordi ayoli kutilmaganda oʻrnidan turib ketayozgudek boʻlib.
— Eslaganda qandoq, taniganda qandoq, — dedi xojasi yig‘imi, nima bosib kelganidan ovozi bitib, soʻng hiyla vaqt oʻzi esini tanib, er yetgan oʻsha vatan suratiga termulib qolib, ichini toʻldirgan hislardan mingdan birini tiliga koʻchiroldi. — Sen kelin boʻlib tushgan, men baxti qaroga kuyovlik nasib etmagan uy— goʻsha-ku, — deb tomog‘iga tiqilib kelgan yig‘ini qult yutib, qoʻshdi. — Taqdirning yozmishi bunday ekan, mana, qay diyorlarda oʻzi topishtirdi. Qoʻsha qaruvimiz, bir etak bola-baqra koʻrib yuruvimizni... koʻrmagandan padarimiz koʻrmadilar, koʻrmagandan onaizorim koʻrmadilar. Kuygandan ular kuyib oʻtishdi.

Bu soʻzlar shunchaki soʻz emasdi, yig‘lamaganni ham yig‘latadirgan, boʻzlamaganni ham boʻzlatadirgan soʻzlar edi. Dunyo koʻrgan, bu kunlarga yetguncha xoʻb og‘irchiliklarni yelkaga olib ne mashaqqatlarga miq etmagan er kishining ich-ichidan qaynab chiqayotgan bir soʻzlar ediki, uni piq-piq yig‘lab tinglamoq mumkin edi, oʻrtaga biron soʻz qoʻshib boʻlmas edi.
— Oh, onaizorim, g‘amguzorim! Xudo farzand bermagani kamdek asrandilari toʻyini koʻrishga ham qoʻymagandilar-a!.. Biz boyaqishlarga kuyovlik kiyimlarida goʻshangaga kirish nasib etmasa-ya... Bilmadim, bu voqealardan eslari og‘ib qolmadimikan keyin?..

Uni tinglayturgan yolg‘iz zavjasi — nima qilsa ham ayol kishi — oʻzini tutolmadi, tutolmayin xoʻngrab yubordi:
— Nimasini aytasiz, adasi, siz nimani ham koʻribsiz! Shom tushdi degandan u kishi kelinlik uyimning ostonasiga oʻtirib olib, «Bahriddinuv, Bahriddinginamuv»lab chaqirishga, chaqirib boʻzlashga tushar edilar. U boʻzlashlariga bir men chidar edim, butun olam chidolmasdi. Hamma uy-uyiga kirib ketar, bir men qora oshxonada yolg‘iz qolib, xun-xun yig‘iga botar edim. Osmon yiroq, yer qattiq edi, adasi. Siz esa, kela qolmasdingiz.
— Taqdirning yozmishi bu, onasi, Xudoning xohlashi, — deya olardi xojasi.
— Keyin men ketdim, adasi, u kishi menga javob berdilar. Ne umidlar bilan kelgan uyimdan ketdim, adasi, — deb yig‘lagan kuyi tushuntirardi zavjasi.
— Senda ayb yoʻq, onasi, Allohning sinovlari bu,— derdi xojasi, yana ketidan taskin berardi, — Shukr qil, shuncha yil oʻtib topishtirganiga, birovdan kam joying yoʻq, yana qaer, Payg‘ambar alayhissalom yurtlarda koʻrishtirdi, topishtirdi, rizq-roʻz, vatan oʻrniga vatan berdi, shukronasini qil.
— Alhamdulilloh, alhamdulilloh, bu kunlarga kimlar yetdi, kimlar yetmadi. Men shukr etmayin, kim etsun.

Ular diyor tasvirlarini-da unutib, Allohga hamdu sanolar aytishar, bu kunlarga yetkazgani, hamma narsani chevarlik bilan chok-chokiga toʻg‘rilab, ularni qoʻsha qaritib qoʻyganiga shukronalar aytib, ado qilisha olmas edi.

Axiyri er ahli ayolining yuziga iltijo-la boqdi:
— Shoshma, onasi, biz oʻzimiz bilan boʻlib, bizga shuncha yaxshiliklar qilgan, yurak yutib ajdahoning komiga borib kelgan bir kishini, uning mushfiq zavjasi, yolg‘iz yodgorini unutibmiz. Sen taqvosi zoʻr bir musofirsan. Sening duoing qabul. Shu mard birodarimu uning mushfiqasi haqqiga bir duo qilki, tokim qodir Alloh ularning ham uzulgan rishtalarini ulab, oʻzlarini topishtirsin. Judoliklariga chek qoʻyib, keng dunyoning biron yerini vatan tutib, yashamoqlariga imkon bersin. Och, qoʻlingni, tokim shular ham hamma qatori farzandlarining kamolini, rohatini koʻrib, Oʻziga ibodatda qoʻsha qarisinlar.
— Yoʻq, yoʻq, adasi. Men Tangrining bir ojiza, shu diyorga kelib ibodatga tushgan bir gunohkor bandasiman, xolos. Ular haqqiga oʻziz duo qiling. Siz necha yillarki, tahajjudizni uzmay kelayotgan kishisiz. Sizning duoingiz qabul. Ularga siz roʻshnolik soʻrasangiz, shoyad Allohim ijobat etsa...

Ular bu mushfiqalarga roʻshnolik tilashayotgan bir pallada qarangki, gung tasvirchi olgan tasmadan ajab tanish oʻrangan bir ayol suvrati oʻtib borar, uning ortidagi boʻy yetgan yolg‘iz Yodgorini demasa, u bu goʻshada yig‘lab duo qilmoqda boʻlgan Marg‘ubaga bir tomchi suvdek oʻxshab ham ketar, oʻxshamay ham qolar edi. Bu nima, roʻyomi, haqiqat, har ikkalalari ham anglay olmay, alanglashib qolishgan edi.

Bu qanday karomat — ular bilisha olmas, bilishdan ham ojiz edilar. Bu pallada esa, boyagi oʻg‘il onasi quyib uzatgan choyni gung tasvirchiga ilinib olib bormoqda edi.
— Yo qodir Alloh, choy quygan u mushfiqa kimu uni notanish mehmonga ilinib olib borgan oʻg‘il kim?— deb yubordi azbaroyi toʻlqinlanganidan xojasi. — Nahot birodarimiz gung tasvirchi qiyofasida oʻsha yergacha yetib boribdi?! Yetgan ersa, bu ham boʻlsa, Allohning soʻngsiz marhamatidir, undan boʻlak narsa emasdir. Oʻziga hamdu sanolar boʻlsin, subhanallohi va bihamdihi, subhanallohil aziym1, — deya oldi.

Shu daqiqada Vatan dog‘ida kuygan dillardangina Alloh sha’niga shunday hamdlar yog‘ilmog‘i mumkin edi, xolos. Oʻzi dargohida qabul etib, har sanosini bir nurga aylantirsin oxiratda, ilohim!

Rozi boʻl, Chaman...

«Uzr, Chaman, sendan beruxsat bir ishlar qilib qoʻydim. Joʻmardligim tutib, sarhad oshib qoʻydim: diyorga yoʻl chiqib turgan ekan, tavakkali Xudo qildim. Vatan sog‘inchi, qavm-qarindoshlar ruxsorini bir koʻrmoq, u diyorga intizorlik, ahli ayolim, yolg‘iz yodgorim oldidagi qarz — qoʻymadi. Barcha-barchasi ustun keldi senga bergan va’dalardan, dim ketmoqdan, ne balolarni koʻrgan bu aziz boshdan. Tavakkal qilmoq vaqti kelgan edi, oʻzimni Allohga topshirib tavakkal qildim. Mardni qilich ham olmas, shayton ham yoʻldan urolmas, botirni Xudo ham asragay, degan gaplarga ishondim. Oʻsha qora-quralarga yollanib boʻlsa-da, jondan aziz yurtga kirib bordim.

Uzr, bu niyat, bu jihodimni sizlarga xabar berishi mumkin boʻlgan pashshadan ham sir tutib, Alloh oʻzi kechirsin, Oltinxon toʻram qavatlarida e’tikof oʻtirgani ketayotgan joyimda safarni ixtiyor ettim. Shunday — vatanga yoʻl chiqqanda — e’tikofdan ham kechmoq, ortga surmoq mumkin ekan.

Vatanni sevmoq iymon jumlasidandir dedilar Toʻram ham. Soʻngra yo xubbil vatan, deya yoʻlga chiqdik. Vatan havolaridan bir bora nafas olmoq uchun, sarhad ortida qolgan u azizlarim birini ruxsor koʻrmoq uchun men har narsaga tayyor edim. Axiyri oʻsha qora-quralarga yukchi boʻlib yollanishga, gung-soqov boʻlib borib-kelishga rozi boʻldim. Rozilik ham gapmi, bora-borguncha, kela-kelguncha ularning poy-patagi boʻlishga-da tayyor edim.

Bilmadim, Bahriddin ular bilan qanday tillashgan, qanday koʻndirgan, lekin men bu safar uchun gunglik ekan-ku, har narsaga rozi edim. Faqat ikki diyda—ikki qarog‘im ochiq boʻlsa bas edi! Sarhad ortida qolgan u mushfiqam, u jabrdiydalarimni oʻz qarog‘im-la bir koʻrsam, bu jahonda sog‘-omon ekanliklarini bilsam kifoya edi.

Chaman, bil, men ishontirib kelgan mushfiqam haqqi qaytib bormasligim mumkin emas edi. Koʻrmagunimcha koʻnglim joyiga tushmasdi. Tinchimasdim. Xabar berolmaganim-berolmagan, bormasam, holidan xabar olmasam keyin tongla Mahsharda Alloh oldida kim deb atalardim?!

Tushun, men qoidani buzib, seni abgor qilish uchun emas, osmon nikohi uzilmagan oʻz zavjam — oilamni deb, pushti kamarimdan boʻlgan tirnog‘im — Yodgorimni deb bordim. Sen vatan sog‘inchi nima bilmassan! Vatan sog‘inchi nima, vatandan quvilganlardan soʻra! U sog‘inch oʻrtab kelganda hamma narsa bir tomon, vatan ham bir tomon boʻlib qoluvini, uning havolaridan bir bora nafas olmoq, suvlaridan bir qultumgina ichmoq jahondagi jamiki narsalardan azizroq boʻlib qoluvini doʻstim, sen qaydan ham bilarding?! Buning uchun mening kuyimga tushmog‘ing, sarhadlarda kulbasiga yoʻlay olmagan it kabi darbadar daydimog‘ing, zor-zor yig‘lamog‘ing kerak, Chaman.

Uzr, men seni g‘aflatda qoldirdim. Gʻaflatda qoldirib sarhad oshib bordim.

Meni siznikilar nima deb atasinlar-atamasinlar, xalqim kim deb oʻylasin-oʻylamasin, yurtim oʻzim uchun oʻsha-oʻsha azizdir, millatim oʻsha-oʻsha qadrlidir, men oʻlsam-da, undan kecha bilmasman, Allohning omonatini qaerda topshirmayin, oʻsha vatanimni, shu dinimni, oʻsha azizlarimni soʻnggi nafasimga qadar unutmasman. Mayli, elim meni quvg‘indi deb atasin, xalqim sig‘indi deb bilsin, men oʻzimni ular bilan etu tirnoqdek deb bilarman. Bu hijrat hammaga ham nasib qilavermas! Allohim bizni shu hijrat bilan sinabdi, taqdirlabdi, shunisiga ham shukr. Oʻzi aziz qilgan yurtlarga yetkazmay, tili, dini boshqa bir yurtlarga itqitganda, oʻshanday Xudo qarg‘agan bir taraflarda doʻzax azobini totmoqni ravo koʻrganida nima qilardim?! Yo boʻlmasa, Tangritog‘ning oʻzida kelgindilar changalida qoldirganida dodimni kimga aytardim?! Jindek omadim borakanki, qaysibir ishlarim Allohga xush kelgan ekanki, bu yoqlarni ravo koʻrdi, emin-erkin oʻziga toat-ibodatda boʻla oladigan diyorlarga yetkazdi. Payg‘ambar yurt-lariga qadamimiz tegdi, shukr.

Bilaman, sizlar anoyimassiz. Tuzumingizga xavf sola olguvchi har bitta mujohid-quvg‘indi qay mamlakatda nima bilan nafas olyapti, nimani diliga tukkan, dardi nima — hamma-hammasidan xabardor turguvchilaringiz bor, koʻz-quloqlaringiz son ming. Shunchalar ustomonsiz. Lekin makringiz Allohning makri oldida hechligini bilmaysiz. Alloh istasa, oʻsha dushman tugul qush ham uchib oʻtolmassaltanatingizni bir kechada oʻtmishga itqita olishidan bexabarsiz. Shunchalar oʻzingizga mag‘rursiz, maftunsiz.

Qolaversa, Chaman, men ham shu temirqoʻrg‘onning qanchalar mahkamligini bir sinab koʻrgim keldi. Yoʻq, niyatim sizlarni dog‘da qoldirishgina emasdi. U dargohlarning koʻziga choʻp solib boʻlsa-da, azizlarimni koʻrib kelish edi, qiyomat qarzdan qutulish edi. Hatto meni ola ketgan oʻsha zanji kinochilarning oʻzi-da mening kimligimni bilmasdilar. Plastik operatsiyadan keyin oʻzimni oʻzim tanimay qolganimni bilsang edi! Chaman, bilaman, sen bu ishimni oqlamasliging tayin. Shakkoklik deb atashing, koʻra-bila turib, dor tagiga borish, qilich damida yurib, sirot koʻprigidan oʻtmoq deb baholashing mumkin. Lekin bu oʻlgisi kelgan mushukning arslon bilan oʻynashuvi emasdi, yoʻq. Men oʻsha arslonning koʻzini shamg‘alat qilgim keldi va Allohga tavakkal qilib edim, qodir Alloh mendek yolg‘iz jangchisiga nusrat berdi va men Allohning bir «qora quli» niyatimga yetdim.

Chaman, sen bu safarimni, yovuz arslon changalidan omon oʻtib, azizlarim panoh topgan bir yergacha borib, ularni oʻz koʻzim bilan koʻrib keluvimni, judo boʻlgan diyorimizning tanish suvratlarini esdalikka tasmaga tushirib qaytuvimni sen shakkoklik deb sanama. Bu Xudoning marhamatidir. Bil, agar butun olam seni dushman sanab tursa ham yolg‘iz Alloh sen taraf boʻlsa, butun olamning dushmanligi hechdir. Yolg‘iz Alloh oʻzi asragaydir. Men bilan ham shunday boʻldi, bir tukimni ham toʻkdirmay manzilimga qaytardi u.

Shu boisdan ham sen mendan xafa boʻlishing oʻrinsizdir, Chaman. Qolaversa, ona shahrimizga borib, bir og‘iz oʻzimni bildirmaganimni, koʻrgilarim kelsa-da, koʻrishga harakat etmaganimni oʻzing tushunib yetarsan deb oʻylayman. Boʻlmasa, Kalkovuz boʻyidagi u aziz goʻshaga bosh suqmoq, seni, Oytoʻra xolamlarni koʻrib, ziyorat etmoq, duolarini olmoq farz edi menga — seni, oʻzimni ayab (ayamasam boʻlmasdi, hamma-hamma bilan senga dog‘ tushirolmasdim!) borolmadim. Ichlarim g‘urmishlab, koʻrgim kelib yotsa-da, nafsimni bosdim, sindiroldim uning istaklarini!

Sen gina qilishga har qancha haqqing bor, soʻkishga haqqing bor. Ammo tushun, bu mumkin emasdi. Men yolg‘iz bir niyat bilan — u mushfiqam, u musofirginam, u qiyomatga qadar kutmoqqa rozi jabrdiydam ruxsorini sog‘inib, boʻyi boʻyimga yetib qolgan u yol¬g‘iz tirnog‘imizning chiroyi, kamoli-bastini bir qurgina koʻrmoq uchun ham, har ikkalalarining holidan xabar olmoq uchungina ham kelgan edim. Kelmoq — qiyomat qarz edi, keldim. Men ularga biron nima qilib berolmasam-da, koʻrmog‘im, hollaridan xabar olmog‘im oʻzim uchun farz edi. Sen muhojirlik nimaligini, ahli ayoli, oilasini tashlab, dunyo kezmoq nimaligini bilmaysan, darbadarlik alamlarini totmagansan. Yoʻlingga koʻz tutgan mushfiqang, farzand-laring koʻz oldingdan oʻtib koʻrmagan.

Sen tushun. Zamonning zayli bilan men sarhaddan oʻtolmay qolganim bilan, musofir yurtlarda muhojir boʻlib kezib yurganim bilan ahli ayolim, oilam oldidagi shariat zimmaga yuklamish vazifalar soqit boʻla qolgan emas. Oʻrtada osmon nikohi turibdi, guldek navjuvon farzandim bor, taloq ham tushmagan oʻrtaga. Ularning holidan bir qur boʻlsa-da, xabar olmaslikka qanday haqqim bor?!

U sizning dahriylik asosiga qurilgan davlatingiz oila muqaddas deb dunyoga jar solgani bilan meni oʻz oilamga qoʻysin-chi! Yoxud olib chiqib ketarimga ruxsat etsin-chi! Qoʻymaydiyam, ruxsat ham etmaydi! Unga shariatimiz biz erkaklar zimmasiga yuklamish vazifalar bir pul. Men esam Alloh subhanahu va taolo amrini ilgari boʻlmasa ham hozir ustun qoʻyaman, unga boʻyin egaman. Chunki qiyomatda bu xususlarda qattiq soʻralmog‘imiz bor. Shu vajdan ham oʻsha tong-la Mahsharda janobi Bosh qozi huzurida xijolatda qolmaslik uchun ham bu safarni ixtiyor ettim, Chaman. Ana endi tushungandirsan, men u quvilgan diyorimga ne maqsadda qora qul qiyofasida kirib, yana oʻsha qiyofada vatanni tark etganimni?! Boʻlak ilojim yoʻq edi, mendan keyin birov jabr koʻrib qolmasligi kerak edi. U diyordagilarga men jafo qilolmasdim.

Agar Chaman, ixtiyor menda boʻlsami, oʻzim bilardim nima qilishni. Afsus, ixtiyor bizdamas. Qoʻlimiz ham kalta. Faqat senga bir iltijom bor. Yoʻlini topib u mushfiqam Mahfuzaga bir yordam qil. Sen chindan kirishsang yoʻlini topgaysan. Ming yillik birodarligimiz haqqi, qolaversa, Alloh roziligi uchun qil bu ishni. Oʻziga yarasha ajrini ham olgaysan, inshaalloh.

Gap shundaki, Chaman, balki men adashayotgandirman (ilohim, adashgan boʻlay!), balki koʻzimga shunday koʻringandir (ilohim, adash koʻringan boʻlsin!).

Oʻsha safar payti, Maqsudlarning yangi joydagi hovlisida biz xabash kinochilar u xonadonni yutaqib tasmaga tushirayotgan kezimizda Allohning marhamatini qaraki, mening mushfiqam — izlagan kishilarim (Bahriddin xabar berganidek) oʻsha yerdan chiqib turibdilar. Koʻrib, boshlarim ikki aylanib ketayozdi. Nazarimda dunyo ostin-ustun boʻlib ikki aylanib keldiyov. Ular esa, dunyoning narigi bir chekkasidan kelgan biz mehmonlarni koʻrib, ona-bola pastki uy ayvonidan tushib kelishmoqda edi. Mahfuzam — toʻlishib durkun tortgan bir ayol, boʻyi boʻyiga tenglashib qolgan (qara-ya, oʻg‘limiz oʻsmir yoshidan oʻtib, er yetib qopti, yelkalari barvasta tortib, onasining chin himoyachisiga aylanibdi!) oʻzidek koʻrkam oʻg‘lining ortida yelkasiga qoʻl qoʻyib turar, boshiga men hech koʻrmagan simobiyrang bir roʻmol tashlagan va boʻynilariga dovur oʻranib olgan edi, Chaman. Men uning bunday farishtalardek oʻrangan holda hech koʻrmagan edim, orziqqanimdan, otini atab chaqirib yuborsam mumkin edi! Ammo soʻnggi damda tilimni tishlab qoldim. Men ovoz bermog‘im mumkin emasdi, bu diyorga gung tasvirchi qiyofasida yollanib kelgandim. Sirni ularga-da ocholmasdim.

Alloh shunaqa paytda Oʻzi toʻzim berarkan, Chaman. Esimni yig‘ib, sotib qoʻyishi mumkin boʻlgan koʻzlarimni tasvir apparatining koʻzlariga bosganimcha qoldim... Ammo uni achchiq yosh allaqachon qoplab boʻlgan edi, shuncha tikilmay hech nima koʻrolmasdim! Shuncha urinmay u yoshlardan qutulolmasdim (ular tomchiga aylanib, oqib keta qolmasdilar!). Boʻg‘zimga ham bir nima tiqilgan, goʻyo jon kushi yuragim birla potirlab chiqib ketmoqqa urinardi-yu, chiqib ketolmasdi. Peshonamdan esa marjon-marjon terlar yog‘ilardiki, qoʻyaverasan.

Ana shunda oʻzimga kelib koʻrsamki, haligi yigitcha — mening Yodgorim bir piyolagina choymi, suvmi olib kelayotir. Uni kim berib, kim yoʻlladi deb qaragan chog‘imda, Chaman, nimani koʻrdim! Boyaqish mushfiqam, qoʻlidagi choynakni ayvon chetiga qoʻyayotgan ekan. Shu tob qayoqdandir bahorning erka bir epkini kelib, uning simobiy roʻmolini yelkasidan koʻtarib tashladiyu... boʻyniginasining bir chekkasini ochdi-qoʻydi.

Senga yolg‘on, Allohga chin, Chaman, men uning quloq yumshog‘i tegrasida tanish va notanish ikki bir narsani koʻrib, taxta boʻlib qolayozdim. Biri tangadek nori boʻlsa, uning yonida... hech koʻrilmagan oq dog‘ koʻzga tashlanar edi...

Men uni shu holida tasmaga tushirishga tushirdimu hali yurak betlab koʻrganimcha yoʻq, Chaman. Ilohim, men adashgan boʻlay. U dard mushfiqamga yopishmagan chiqsin.

Ammo men eshitganim bor muhojirlardan. Ayriliq dog‘iga uchramish koʻp ayollar ana shunday dardga yoʻliqar emishlar va uning davosini izlab, bir amallab hajga kelar emishlar. Ibrohim alayhissalom va Hojar onamiz zamonlaridan qolgan zamzam va duo oʻsha oq dog‘larning yolg‘iz davosi, yuvib yuborguvchisi emish.

Mening mushfiq zavjamga ham bu diyorda nimaiki ilashmish — barchasi men tufaylidir. Oraga tushgan ul badbaxt hijron tufaylidir. Endi sendan yolg‘iz iltimosim, Chaman (shuncha qilgan yaxshiliklaringni bittasi!), uni bir evini qilib, hajga joʻnat, darddan poklanib — haloslanib ketsin! Mahrami yoʻq, dema, oʻg‘limiz boʻy yetib qopti, yoniga qoʻsh. Mendan qaytmasa, Allohdan qaytsin — shu iltimosimni uddalasang ulug‘ savobga qolgaysan. Va biz qiyomatda Parvardigorimiz huzuriga albatta yorug‘ yuz ila borgaymiz.

Rozi boʻl, Chaman, umr boʻyi senga yuk boʻldim.

Men yana Makkaga, Oltinxon toʻram qavatlariga ketyapman. Niyat qilgan e’tikofim bor. Xayr, oshna, sog‘ boʻl. Oʻzi seni xifzu himoyasida asrasin.

Sultonmuroding.

Jidda».

II- qism