OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMurod Mansur
Asar nomiJudolik diyori (3-kitob 3-qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Murod Mansur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Oʻzbekistan adabiyoti va san’ati» gazetasi (2005 y. 5 avgust soni.)
Hajm174KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/29
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Judolik diyori (3-kitob 3-qism)
Murod Mansur

Uchinchi Boʻlim - Judolik Zori (Yoxud Diydor Qiyomatga Qolgaymi?)

Tavakkalchini Xudo asrar

Men hech yerga sig‘masdim.

Oʻtgan ikki kun ikki yilga choʻzildiyov!

Uchinchi kun shanba edi. Demak, erta oʻtib, indinga taqdirim hal boʻladi: yo ketaman, yo biron past ishga survorishadi. Harqalay, ayab oʻtirishmaydi.

Qarangki, men qilmishimdan pushmonga tushish oʻrniga turib-turib allaqanday g‘urur tuyib ketmoqda edim:

«Zab qilibmanmi, qaytarib berib?!»

Men kimga tortdim, oyimlargami yo... Sulton akamga— oʻzim tushunib yetolmasdim.

Harqalay mendan Toʻram taqsir yoki akamga oʻxshagan hukumatlarga ham boʻy bermaydigan bir odam chiqmasa-da, soʻzimda tura olayotganim, Vatanini sog‘ingan bir vatanjudoga qayishib, uni hamma qatori soʻkib-netib, «oʻlgani» ustiga tepmayotganim oʻzimga yoqib tushmoqda edi. Mana shu g‘urur boʻlsa kerak. Demak, g‘ururimga qarshi bir ish qilgim kelmapti. Bundan xursand boʻlish kerak-ku, axir!

Ammo shu tobning oʻzida menga alam qilayotgan joyi ham yoʻq emasdi. Men oʻrtamiyona bir mirzo boʻlsam — boshqa gap edi. Boshqa sohadan kelib ham, topshiriqlarni oʻrinlatib ado etib yuribman-ku. Birovdan tilim qisiq joyi yoʻq. Shundaki biz mirzolarning qadri shu boʻlsa, kim ekanmiz biz? Buzoqning yugurgani somonxonagacha deganlaridek nihoyati yugurdak mirzo ekanmizmi biz?..

Turib-turib endi menga nasha qilmoqda edi! Nega oʻsha gap chiqqan kuniyoq ariza yozib, kiritib yubora qolmadim? Nimaga umid tutdim? Biron insofli odam chiqib, yonimga tushishigami? Himoya etishigami?

Qachon Xudoga tavakkal qilishni oʻrganamiz?! Peshonamdan koʻrdim, taqdirning yozmishidan ortiq nima boʻlardi, deya olsam-ku — olam guliston edi! Qutulardim shu mashmashalardan! Oʻsha kuni bosh muharrir oldida andesha saqlab jim turaverganim kelib-kelib endi oʻzimga ta’sir qilmoqda edi. Nega bunday qildim? Rostini aytib, qahriga yoʻliqqim kelmadimi yo? Ishqilib xokisor bir qiyofada jim yer chizib turganim yodimga tushib, oʻz-oʻzimdan g‘ijinib bormoqda edim.

Mening oʻrnimda akam nima qilardi?! Uzr soʻrab yo yalinib oʻtirarmidi? Hech qachon! Men esam, imilladim. Shart kesolmadim!

Menga mana shu mezon, akamni oʻz oʻrnimga qoʻyib koʻrishim — qarangki, yoqib tushmoqda, bundan oʻzgacha bir g‘urur tuyib ketmoqda edim.

Uyga sig‘may doʻkonning qorovulxonasiga chiqib borsam, shaxmatchilarning zoʻrlari Rasulbek akanikiga toʻy kelishi munosabati bilan yig‘ilishib qolishgan ekan. Birin-sirin «Assalomu alaykum»lab chiqib kela boshlashdi. Jang toza qizidi, lekin hech kim meni oʻtirgan joyimdan siljita olmasdi.
— Bu kimning alamini bizdan olyapti? Hammani pista poʻchoqdek chaqib tashladi-ku, a? Birortang Shukrulloni chaqirib chiqsalaring-chi! — deb qolishdi.
— Shu turishimda Fisherni opkelsangizam qoqib tashlayman! Mirzolikni tashlab, oʻzimni shu oʻyinga bag‘ishlasammi, deb turibman-ku, — dedim yarim hazil, yarim chini bilan.
— Tag‘in Gorkiy bog‘iga tanda qoʻyib yurmagin, bor bisotingni shilib olishadi-ya, — dedi kimdir.
— Qimordan Xudo asrasin, — deb sekin tura boshladim. — Izzatim borida oʻzim joy boʻshata qolay. Qoʻl bir kelib qoldi-da, akalar, — deb siporishladim. Aslida ishxonadagi anuv mashmasha yana yodimga tushib, kayfiyatim buzila boshlagan, oʻzim bu yerdan ham jilishga bahona izlar edim.

Qorovulxona hujrasida shuncha qolib ketibman, qaytib kelsam, vaqt peshindan og‘ib, hovlida kir yuvib oʻtirgan kennoyimdan boʻlak hech kim koʻrinmas, hammayoq yer yutgandek jimjit edi.

Qorin ham piyozni poʻsti boʻlib ketgan ekan, sich-qonni inida qolgan qattiq non ham shirin koʻrinib, u uydan bunisiga chiqib yursam, kennoyim oshxonadan ustiga talinka yopib, sochiqqa oʻralgan kosa koʻtarib kela boshladilar.
— Ovqatiz bu yoqda edu, Maqsudxon. Kelavurmadiz-kelavurmadiz, sochiqqa oʻrab qoʻyup edum, kelung, — dedilar dasturxon yozib.
— Rahmat, bular qani? — dedim ichkariga ishora etib.

Kennoyim nimagadir aytishga istihola qilib, yerga qaradilar:
— Kutup-kutup, ketishdu.
— Qayoqqa ketishadi? Hech gap yoʻq edi-ku, boya? — deya oldim.
— Siznu orqangizdanoq odam kelub edu.
— Odam?.. Nega keladi? — dedim hayron qolib.

Kennoyim yamlandilar:
— Oʻsha oʻziz bila ishlaydukan anuv kungu odam, mehmonlarnu boshlab kelgan-chu...
— Daroz boʻylik, shapkalimi? Nima deydi? — dedim ichim g‘urmishlab kelib: «Kim yuboribdi u kishini?»

Kennoyim «Oʻsha-oʻsha», deb tasdiqladilar-u, u yog‘ini aytishga tillari bormay, oshxonaga oshiqdilar.

Mening ishtaham oʻlib boʻlgan edi, u kishini yarim yoʻldan qaytarishga tushdim:
— Shoshmang, nima deydi? Axir men oʻlgani ketgan emasman-ku, birpas kutmaydimi? Qolaversa, chaqirsa ovoz yetadigan joyda — hujrada edim-ku.
— Bilmasam, Maqsudxon, gapuni eshitub, «menu oborchi-obor»lab qoldular kichigoyum.
— Yoʻg‘-e...
— «Xudo olsin ularni, Farg‘onasiga joʻnatarda kerak boʻluvdi, endi Toshkanga sig‘may qoptimi»lab otlanaverdilar. «Sen obormasang, ana, kelinum oboradi» deb qaytmadular.
— Oʻziyam birgalashib ketdimi? — dedim boʻshashib.
— Xudonu zoruni qildu, «Siz bormang, oʻg‘luz xafa boʻladu»lab. Eshitubam qoʻymadular.
— U qilishibdi-bu qilishibdi, ishni buzishibdi-ku! — dedim ensam qotib.
— Unaqa demang, Maqsudxoʻja, qaytuga kichigoyum ishizzu toʻrulab keladula, qarab turasiz, — deb kennoyim oshxona tomonga yuraverdilar.

Fe’lim aynib, kayfiyatim buzilib boʻlgan edi, oʻtirarimni ham, oyimning orqalaridan yetib borarimni ham bilmasdim: Joʻra akamga ham Xudo boʻy berib, aql bermagan ekan-ku! Oʻsha gapni oyimlarga doston qilib koʻtarib keptimi?! Koshki boshliqlar undan koʻrishsa! Oʻzi qilg‘ilikni qilib qoʻyib, oyisini joʻnatibdi, deb bir karra aytishadi. Bitadigan ishni ham bitirishmaydi. Lekin oyim ularni koʻp mulzam qilgan boʻlsalar kerak. Qaysi shoʻri qurigan u kishiga roʻbaroʻ boʻldi ekan? Sirasini aytganda, oyimning borishlari mening sha’nimga yaxshi boʻlmagan edi. Avval ayab, yon berishsa ham, endi ayashmaydi! Endi qolib boʻlmaydi!

«Oyisini yuboribdi, zoʻr xotin ekan, advokatlar ham ip esholmaydi u kishining oldida», degan gap menga kerak emasdi.

Nima boʻlsa boʻldi, Xudoning xohlashi shu ekan deb, oʻtirib «non-palov»ni tushira boshladim. U shunaqa xushxoʻr ediki, tavba, bunaqasi kamdan kam boʻlardi. Yo kosada oʻrog‘liq turib, shunaqa ilikdek boʻlib ketgan, yo oʻzim oʻlgudek ochqagandim. Ikkisidan biri.

Kennoyim choy koʻtarib kelib, uni qaytara boshladilar. Men boyagidan ancha tushganimni koʻrib, u kishi tizzalarini sal yonga bukib, bir chiroyli ham omonatgina oʻtirdilar. Shoshmay choy quyib uzatib, mendan hol soʻramoqchidek, mavrid kutib qarab qoʻydilar. Men u kishiga sir boy bergim yoʻq edi, (kuymagani bitta men qolib edim!) lekin shu mahal u kishi yarim xoʻrsiniq ila tin oldilar. Menga achinib-kuyishlarini istamay ulardan ilgariroq otni qamchilab, gapni tamom boshqa yoqqa burdim:
— Yodgor qani, bir yerga oʻtib kelardik.
— Chiqib edu, uzoqub ketmagandur, chaqiraymu? — dedilar u kishi taraddudlanib.
— Men oʻzim shaxmatga alahsib ketibman. Olim akamning tomonlariga, baliq oviga oʻtmoqchi edik.

Kennoyim shu tobda koʻnglimga shunaqa narsalar siqqaniga hayron qoldilar. Bundan oʻzim ham xijolatga tushib, siporishladim:
— Men unga yolg‘onchi boʻlib qolmay, deyman-da...

Kennoyim tushunib, bosh silkidilar. U kishi Toʻram taqsirnikiga borib kelganimizdan beri, dam urib bergan zamzam suvlarini ichibmi, chiroylari hiyla ochilib, kamgapliklari qola boshlagan edi. Ammo hozir koʻzlarini yerdan uzmay, tizzalarini silab oʻtirar, nimadandir istiholada edilar. Nihoyat:
— Tinchlikmu, Maqsudxoʻja, ishingizda bir nima oʻtdumu? — deb yuzimga termuldilar.

U kishi oʻzlarini ilgarigiday yaqin olib, koʻngil soʻrashlaridan boshimga dovur bir jimirlov yugurib, g‘alati tortib ketdim. Xoʻrlikmi, nimadir bosib kela boshlab, sarosimalandim:
— Yoʻq-yoʻq, shunchaki bir arzimas gaplar. Vahima qiladigan yeri yoʻq, — deb yolg‘onlashga tushdim-u, oʻzimning yolg‘onimdan oʻzim uyaliblar ketdim.

Endi bildim, hammadan yashirsam ham, bu kishidan yashirolmas ekanman.
— Yo anuv kelganlar tufaylu... bir gaplar boʻldimu? — Kennoyim nimadandir xavotirda edilaru ochiq-yoriq ayta olmas edilar.
— Qaysi?.. — deya yalt etib betlariga qaradim.
— Anuv zanjularnu aytaman-da. Osmondan tushganday kelub ketganlar-chu?..

Men koʻnglim buzilib kela boshlab:
— Shunga yaqinroq, — deya oldim.
— Qanaqasiga? — u kishi tashvishga tushib qolgan, hatto bir qadar menga oʻgirilib olgan edilar.— Ruxsatsuz kelishgan ekanmu?
— Sizga qanday tushuntirsam?.. — deya chaynaldim, — asli gap ularda ham emas.
— Boʻlmasa, nimudan vag‘z axtarishadur?

Endi ochiqroq aytavermasam boʻlmasdi. Mendan begona emas, bu gaplarni tushunadigan, musofirlik nimaligini bilgan kishi soʻramoqda edi.
— Bir vatangado... shahriga yashiriqcha, sayyoh qiyofasida kelgan ekan. Orqasidan bilib qolishib...— dedim.
— Voy, oʻlmasam, ushlab olushibdimu? Shuni yozasiz deyishdimu Sizga? — Kennoyimning yuzlari oppoq oqarib ketgan edi, koʻrib qoʻrqib ketdim.
— Yoʻq-yoʻq, allaqachon chegaradan oʻtib ketibdi.

Kennoyim yengil tin olib, koʻksilariga «tuf- tuf»lab qoʻydilar:
— Hayriyat, Xudo asrabdu.
— Asrayman deganni tikan ham kirgizmay asraydi ekan, — dedim.
— Ilohumning oʻzi g‘amxoʻr,— deb turgan kennoyim yana xavotir aralash qarab qoʻydilar. — Anuvlar-chu, ularam eson-omon oʻtub olushibdimu?

Men bu gapdan esim og‘inqirab, u kishining betlariga termuldim:
— Nega unday deyayapsiz, kennoyi?

U kishi javob oʻrniga ham koʻzlarimga tikilib qolgan, sirli bir narsani soʻramoqchidek yo boʻlmasa, men ham oʻsha sirdan voqifligimni bilmoqchidek koʻzlarini uzmas edilar. Men esam bunga sari oʻsha haqiqatni anglab borayotgandek boshim gir-gir aylana boshlagan, ichimdan bir hapriqish qaynab chiqmoqda edi. Axiyri u kishi allatovur yoshlanib, kiprik qoqsayoq, duvillab toʻkilib berishga tayyor koʻzyoshlarini yashirishga urinib, etaklarini silashga andarmon boʻldilar. Andarmon ekanlar, allaqanday toʻlib-toʻliqib yorildilar:
— Sizga yolg‘on, Xudoga chin, Maqsudxoʻja, oʻsha kundan beru mijja qoqolmayman. Qoqdum deguncha akayiz koʻrunaveradular. Bilmasam, nimudan?
— Qanday, kennoyijon?.. Biron narsa sezgandaymi ediz?
— Yoʻq-yoʻq, oʻsha vaqutda hech narsa xayolumga kelganu yoʻq, sezganum ham yoʻq, — deb u kishi bosh toʻlg‘ab edilar, qaroqlarida ilinib turgan yosh bilaklari aralash xontaxta ustiga duv toʻkilib berdi-da, qaybirlari oq dasturxonni, qaybirlari yengini xoʻl etib, yana qaybirlari kafti ortini oʻpib qoldilar.

Sezmagan boʻlsalar, nega yig‘laydilar, koʻzyoshlarini toʻxtata olmaydilar? Balki biron narsadan?..
— Yo biron narsadan shubhalangan joyiz bormi? Shundan beri tinchiz yoʻqmi?
— Unday ham... boʻlganu yoʻq, — deb yerga qaradilaru etaklarini silab, koʻrpacha ustidan ushoqlarnimi, bir narsalarni terindilar. Ishqilib koʻzimga qaray olmas, qarasalaroq oʻpkalari toʻlib ketayotgandek edi. Sezib turibman, nimanidir aytolmayaptilar. Istihola qilyaptilarmi?.. Mendan tortinsalar, kimga aytadilar?
— Aytaversangiz boʻlardi...
— Nimanu, Maqsudxoʻja? — U kishi yalt etib betimga qaradilaru, ginamni tushunib, nigohlarini olib qochdilar. — Oʻshandan beru tinchumnu yoʻqotganumni aytasizmu?
— Oʻzidan oʻzi... shunday boʻlmas...

Kennoyim qaynarbuloq koʻzidek qaroqlarini kaft¬larila artib, iymanibgina qarab qoʻydilar.
— Bilasizmu, — dedilar axiyri oʻksik bir ohang-da, — Oʻsha kunu birov sezub, birov sezmagan bir sinoat oʻtganuday boʻlib edu...
— Sinoat?.. — deya azza-bazza oʻnglanib oldim men.
— Shunga yaqunroq, — deb u kishi yana qayta xayollanib qoldilar.

Qistashga tushdim:
— Menga aytmasangiz, kimga aytasiz?! Siz yashirmang, kennoyi.

Kennoyim norining qizili yuzlariga yoyilib, uyalibgina qarab qoʻydilar.
— Balku men adashayotgandurman. Menga shunday tuyulgandur. Asli unday ham emasdur...
— Oʻsha Sizga qanday tuyulganini ayting, yashirmang, — deb oʻtina boshladim. Yodimdan esa, Joʻra akamning: «Maqsud, u xabash boʻlsa ham bizdan tuzukroq ekan», deganiyu Terakli ota oldidan oʻtayotib kishibilmas yuziga fotiha tortgani ketmayotgan edi. Shunga oʻxshash harakatlaridan biron narsa sezib qoldimikanlar, kennoyim ham?..
— Rostuni aytsam, Maqsudxoʻja, oʻshalardan bittasu juda g‘alatu edu. Eslasam, halugacha yurakum titraydur...
— Qaysi bittasi? Tushuntiribroq aytavering siz...

Kennoyim ikkilanibgina yuzimga qarab qoʻygandilar, men yana qistadim:
— Siz yashirmang-da...

Shundagina u kishi titranib tin oldilar:
— Oʻsha boshiga tuyaqush patudan tojmu-nimu taqub olganu... aylanadu kelub biznu suvratga olar, aylanadu kelub apparatuning koʻzidan tikular edu...
— Sizlar kim? Yodgor bilan Siznimi? — dedim yutoqib.
— Ha-da, oʻzi marjon-marjon terga tushub ketuptu. Rahmum kelub, Yodgorumdan bir piyolagina choy berub yuborsam, gung-soqov odam — qoʻluni koʻksiga qoʻyup... g‘alatu qarab turuptu... Oʻsha qarash...dan, Maqsudxoʻja, etlarum simillab ketsa deng! Keyungisi undan oʻtub tushgan edu.
— Oʻtib tushgan edi?.. Qanday? — Men lolu behol qolgan edim.
— Keyun shoshub qolub, kaftuni kaftuga juftlab hindulardek ta’zum etsa, akangizning bir odatlaru yodumga tushub — esum og‘ub qolayozdu. U kishi shunday xayrlashur edular...

Ana, xolos! U qora-quralar bizni tomonlarda nima qilib yuribdi — eskiyu yangi hovli-joylarimizgacha borib, deb oʻtiribman! Papauslar yoʻlboshchisi qiyofasida kelgani — akam boʻlsa agar — hammani toza dog‘da qoldirib ketibdi-ku!..
— Keyin-chi, keyin? Ketayotganida-chi?— dedim yuraklarim hapriqishga tushib.

Kennoyim nochor jilmayib, yer chizdilar:
— Shuncha kutdum, zora qaytarsalar deb, ammo sir bermadular. Balki menga shunday tuyilgandur. Ular ham emas, chin habashlardur. Yana Alloh biladu.
— Albatta, Alloh biladi, unga ma’lumroq. — dedim turib-turib. — Lekin bilasizmi, men uning oʻrnida... boshqa ish qilgan boʻlardim!
— Qanday?! — dedilar kennoyim hayron qolib.

Men u kishini hayron qoldirganimdan g‘ururlanibmi, oʻzimda yoʻq quvonib, xontaxta ustiga shappaladim:
— Shundan shu yoqqa shuncha berk sarhadlardan oʻtib kelibam oʻzini tanitmagan odam... qoʻriqchilarning koʻzini shamg‘alat qilib, bir kechaga kelib ketolmasdimi?! Men uning oʻrnida tavakkali alalloh, kelardim!

Kennoyim koʻzlari chaqnab, betimga qaradilaru shu zahoti ikki yuzlari lov yonib, yer suzib qoldilar. Lablarining cheti jilmayinqirab qoʻshdilar:
— Sizam, Maqsudxoʻja, qarab turub kimga oʻxshab ketopsiz?! Tuproqlariz bir yerdanmi, tavba...
— Qani edi, u kishining tirnog‘iga oʻxshasak... — deya oldim.
— Inshaalloh, deng undan koʻra, — dedilar kennoyim.
— Aytaman ham!.. — dedim.

Chindan g‘alati edi! Uchqur otlar, Barzan singari qanotli, dovruqli otlar uzoqdan — hali bir-birlarini koʻrmay turib, hid olgan zahotlari soy-qirlarni jangillatib kishnab yuborganlari singari edi mening ham bu holatim!.. «Qani edi, qani edi», derdim.

Nima bu? Nimadan belgi? Hid olgan boʻz otlar kabi qaydan ichimga bir turluk g‘alayonlar tushib, oʻzimni tanib qoldim? Kishnab yubordim?!.

Darvoqe, boʻz otlar nega kishnaydilar? Judo boʻlgan diyorlarnimi, nimani sog‘inib kishnaydilar? Uchqur sheriklarini qayon chorlaydilar?..

Oʻzim tushunolmasdim.

Osmon yiroq, yer qattiq bir kunda

Men chindan hech yerga sig‘masdim.

Oyim qaytishlarini kutib, koʻchaga necha bor chiqib keldim: kun asrga qarab ketyapti, ulardan darak yoʻq. Yodgor ham qayoqqadir toʻpsurarga joʻnab yuboripti. Qaytsayoq «polkovniklarning sobiq bog‘i»ga oʻtib kelarmidik.

Shu bahona Olim akamga koʻrinib, yorilgim bor. Qolaversa, u Toʻramning iltimoslari bilan qayoqqadir ketgan. Salt-svoy odam oʻziga har xil yurishlar topib olaverarkan-da!

Bu yoqda qancha voqealar oʻtib ketibdi, u kishimning yurishlari bunday.

Ilgari yuragim bunaqa tor emasdi. Orqaga tashlay bilardim. Endi manavi mashmashalar tufaylimi, na uyga, na koʻchaga sig‘ardim.

Nihoyat, koʻcha eshik oldiga mashina kelib toʻxtab, ular tushishdi. Men «suyunchi»lab chopgan bolakaydek yugurib chiqishni oʻzimga ep koʻrmay, hovlida «kuymanib yurgan» edim, darvozaxonada oyimlarni qoʻltiqlagan ayolim koʻrindi. Oyim xorib-charchaganlari ustiga juda ham tund koʻrinar edilar.

Ana xolos, hech ish chiqarolmay qaytishibdi-ku!.. Bundan oʻz izzatlarida turib, bormaganlari ma’qul emasmidi! Lekin buni shu tobda u kishiga qanday ayta olasan?! U kishi mening uzoqdan bergan salomimga alik olib-olmayin (olsalar ham damlari ichlarida) ichkari kirib ketdilaru oʻlan koʻrpachalariga choʻzila qolib:
— Voy, moshin boʻlmay ordona qolsin, shaldiroq aravaning oʻzi ekan-ku. Siylagani shu boʻlsa... — dedilar.

«Siylaydi-ya, siylaydi! Qutulish uchun bergan! Shuniyam tushunmadizmi», degim keldiyu, qani og‘iz ocha olsam... Men ich-ichimdan u kishidan xafa edim. Bir og‘iz soʻrasalar-ku, aytaman-a! Ish pishgan, yalinishga arzimaydi deb! Endi nima boʻldi? U kishining yuzidan oʻtolmay kichikroq bir ishda qoldirishganda ham ming yilgacha koʻzimni ochirishmaydi-ku. «Vo-oh, buning zoʻr oyisi bor ekanmi? Advokatlar ham ip esholmaskan» degan qochiriqlari kimga kerak?! Bir kun emas, bir kun boʻshab ketishim tayin.

Shu tob ayvon qoshida ayolim koʻrindi:
— Adasi, shofer soʻravotuvdi, koʻrinib qoʻyasizmi?
— Bir kami shu qoluvdi.

Men toʻng‘illay-toʻng‘illay chiqib borsam, oʻzimizni «jujurka» shoferlaridan ekan. Yaqin olib, koʻngil soʻray ketdi:
— E, sizzi oyizlami? Zoʻr ekanlar!..

Ana, aytmovdimmi?!. Halitdan boshlandi!

Men uyatdan yerga kirgudek zoʻrg‘a ming‘irladim:
— Menga aytmayinam ketvorishipti: bular boradigan ishamasdi...
— Shunday deysizu... bir hisobda yaxshi boʻldi! Boʻlmasa, qulog‘izzi ushlab ketuvdiz.

Men uning betiga tik qaradim:
— Oʻsha ketganim yaxshi edi bundan.

Shofer sergak tortdi:
— Oʻx-oʻ, g‘ururing zoʻr-ku?! — dedi u sensirab ham yaqin olib.
— Birovdan qarz oladigan joyim yoʻq, — dedim kamiga. — Nima, oyoqlarini oʻpib, kechirim soʻraydigan ish qipmanmi?!.

Men azza-bazza qaytib kirib ketishga hozirlangan joyimda u orqamdan kelib, yelkamdan quchdi. Keyin oʻziga qaratib:
— Shu g‘ururingni mahkam tut, hali yana oʻsib chiqasan, koʻp maqolalaringni oʻqiymiz, omon boʻl, — dedi.

Ichimda «Bu boshqa gap», dedim-u, ammo oʻzim sir bergim kelmasdi.

Keyin u ketdi, men oʻz izzatimda qola bilganimdan xursand edim. Hatto oyim ularni qanday sindirib kelganlarini... soʻrab oʻtirmadim. Soʻraydiganim ichkarida edi, oʻsha ichkariga kirib boraverdim. Saida allaqachon koʻchaligini uylikka almashtirib boʻlgan ekan, kirishimdan boʻynimga osilib olib, yig‘ini boshlab bersa, dovdirab qopman.
— Ha, nima boʻla qoldi, oyim osmondalar-ku? — dedim uni bag‘rimdan uza olmay.
— U kishini avrab yuborishdi. Asli zig‘ircha rahm qilishgani yoʻq, adasi, — deb u xoʻrligini yutolmay battarroq bag‘rimga yopishdi. — Endi nima qilasiz, joʻjavirday jon bilan koʻchada qolavurasizmi?

Yorilolmay turgan edim, shu bir og‘iz soʻz kifoya boʻlib, uni devorga suyab qoʻya qoldim:
— Hov, koʻchada qolishimni bilgan! — derdim ikki yelkasidan silkilab, — senga kim aytdi oʻshalarga yalinib borsin deb?! Kim aytdi, oyimlarni boshlab borsin deb?! Ular hamiyatni biladimi!

Ayolim aybini sezib, boʻshashib tushdi:
— Oyim... qoʻydilarmi, adasi.
— Sen kimga tekkansan? Mengami, u kishiga? Mendan beruxsat shu uydan bir qadam jilishga nima haqqing bor?..

Narigi uydan oyimning zardali ovozlari keldi:
— Hoy, Maqsudxoʻja?!

Noiloj past tushib, chiqib bordim:
— Nima edi, oyi?

U kishi jahldan tushmagan ekanlar, birvarakayiga eshitib oldim:
— Dard edi! Isaning alamini Musadan olguncha, mana, mendan soʻramaysanmi? Qilg‘iliqni qip qoʻyib, kimga zaharingni sochyapsan!
— Nima qilg‘iliq, oyi? Men xohlamadim, xolos. Aybim shumi?
— Moshin yuborib, chaqirtirib olishar balki?! Shuni kutayotgandirsan?

Bu gap suyak-suyagimdan oʻtib, toʻng‘illadim:
— Koʻchada qolmasman...
— Qolib boʻlganakansiz! Tag‘inam insof qilishdi.
— Insof? — Men yalt etib yuzlariga qaradim. Buni qanday tushunishni bilmasdim.
— Ana, xotiningdan soʻra. Allaqaysi bir joʻrnalgami, nimaga yuboradigan boʻlishdi, — dedilar g‘oliblardek qoʻl toʻlg‘ab.

Ichim shuv etdi! Nazarimda koʻksimda bir narsa uzilib tushgan edi! «Ana, xolos! «OʻzTAG»1ga ham arzitmabdilar-ku?!» U oʻlsa oʻligi ortiq, hamma «urilgan zoʻr»lar, qalami oʻtkirlar joʻnatiladigan joy edi. Unga hamma ham yetisholmasdi. Oʻshani ham ravo koʻrishmagan boʻlsa, qay goʻrga joʻnatishmoqchi ekan?

Men yalt etib, ayvonda qolgan xotinimga qaradim. U yoshli koʻzlarini chetga olib, yer suzgancha titranib turar edi.
— Aytavur, — dedim yanib, ham ayama degan kabi,— tilga olishga ham uyatli emasdir.

Uning boʻg‘zidan bir og‘izgina soʻz uchdi:
— Koshkiydi...

Men shundagina nima gapligini anglagandek boʻl-dim.
— Shoshma-shoshma, «Bir safda»gami? Koʻzi ojizlar jurnaliga-ya?— deb yubordim ichim sidirila-yozib.

U yosh toʻla koʻzlarini koʻtarib, im qoqib edi, ular duvillab oqa ketdilar!

Mening esa, boshimga dovur bir jimirlov yugurgan edi, seskanib oʻzimga keldimu:
— Shumi marhamatlari, oyi? Bundan koʻchada qolganim... afzal-ku, — deya bosh egib chiqib bora boshladim.

Oyim daf’atan gangib qolgan edilar:
— Voy, nega unday deysan, Maqsudxoʻja? Xudo qarg‘agan bir joy emaskan-ku, — dedilar negadir.
— Qaeri kam? — dedim men ostonada toʻxtab.
— Qoʻy, unaqa dema. Ular ham Xudoning suygan bandasi. Qaytaga bu yoqda topmagan savobni oʻsha yerdan topasan, — dedilar oyim oʻzlarini oʻnglab olib. — Har soʻzing bir qorong‘i koʻksga nur boʻlib kirsa, yomonmi? Buyam Xudoning marhamati, bolam.

«Suv yoʻg‘ida tayammum! Shundaymi?», degim keldiyu aytmay chiqib boraverdim.

Menga alam qilardi. Ana senga, «mardumi farg‘onalik!» Chetdan kelmasam, ikki dunyoda xorlashmasdi. Endi-chi? Birinchi qoqilganimdayoq munkitib yuborishdi! Turmaydigan qilib, tepib yuborishdi-ya!
— Yoʻq, bu xoʻrlikka chidab boʻlmaydi! Undan koʻra, oʻz ishimga ketaman! Loyihachiligimni qilaman! — dedim ayvonga chiqib olib.
— Toʻg‘ri qilasan, ana, hammayoq qurilish boʻp ketti. Allada aziz injener boʻb yurganingga nima yetsin! Bo Xudo, ochdan oʻlmasmiz. Yozuvchi boʻlmasang-boʻlmassan.

«Voh, shu oyimlarmi?» — Yalt oʻgirilib qarasam, behazil aytyaptilar. Og‘zim ochilib qopti!

U kishi holimni koʻrib, ta’nali iljaydilar:
— Ha, koʻzing qiymayaptimi? Qiymasa, har soʻzni oʻylab gapirish kerak. Yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishtalar omin deb turadi. Unutdingmi, shuni?..
— Kechirasiz... — Men boʻshashib tushgan edim.
— Avvalo, Ollohning yozmishidan ortig‘i boʻlmagan, boʻlmaydi ham, — dedilar oyim kamiga. — Qolaversa, odam jindek sabrli, shukrli boʻlishi kerak. Undan beriga ishing oʻnglanishiga ishonma. Shu esingda boʻlsin. Bor, bu yog‘ini Oʻziga tashlayu u yog‘idan ham bexabar qolma...

«Qarisi bor uyning parisi bor», deganlari shu boʻlsa kerak. Men xotirjam tortib qolgan edim.

Shu payt koʻcha eshik oldiga pat-patdan harob, «koʻksov» bir mashina kelib toʻxtadiyu oʻsha yoqqa qarab yurdim. Chiqsam, almisoqdan qolgan mashinadan (yoʻqdan koʻra minib yuribman devdi, hali ham alishtirmabdi!) Olim akam tushib kelyapti. Tilla topgan odamdek og‘zi qulog‘ida. Kamiga soqol-murti yuzini qoplab, oʻzi allaqandek qorayib ketipti. Shahar odamidan koʻra, qoʻnimi yoʻq safar kishisiga oʻxshaydi.
— Assalomu alaykum. Jahongashta mashinangiz bizzi koʻchalarni ham topib kelarkan-ku! Shu kelishizda qaerlardan soʻraymiz? — dedim koʻrgandan bahri-dilim ochila borib.
— E, nimasini aytasan, uka. Yeldim-yugurdim, uyqu nima, tinim nima — bilmadim: axiyri izlaganlarimni topib, ijozatini olib kelyapman, — u quchoq ochib koʻrishgani kela turib, daf’atan alanglab toʻxtadi. — Darvoqe, Yodgorning oʻzi qani? Meni jigargoʻsham qani? Chaqir, samantoyning oʻzini. Va nihoyat, ijozat tekkani bilan qutlab qoʻyay uni!
— Ijozat? Qanaqa ijozat? — dedim men ang-tang qolib.

Bungacha Olim akam yetib kelib, meni devdek bag‘riga tortib ulgurdi. Va pishillab quchganicha kuraklarimni silar ekan:
— Qanday ijozat boʻlardi, oʻn sakkiz yillik armonlarni ushatib yuboradigan bir ijozat! Adajonisini koʻrarga, ruxsoriga toʻyarga ijozat! Va nihoyat, Oltinxon toʻram farzandlari bilan birga joʻnarga, bu ham padaribuzrukvorini koʻrib kelariga ruxsat! Shunday qog‘oz olib beradigan boʻlishdi, Maqsud. Muftiy domlam bilan Toʻram aralashmasalar bu safarni ikki dunyoda ham ixtiyor etib boʻlmasdi. Eshityapsanmi, Maqsud, iqbol yuz koʻrsatib, roʻshnolik eshiklari ochilmoqda. Suyunchilik muborak boʻlsin!

Men ham unga mahkamroq yopishdim:
— Oʻzlariga ham muborak boʻlsin yaxshi xabarlar,— deya yuzimni yuzlariga ishqarkanman, quloq yumshog‘idan oʻpgudek boʻlib, shivirlamoqqa tushdim. — Darvoqe, siz hali hech narsadan xabaringiz yoʻq; akam keb ketiptimish...
— Kim, Sulton akam-a? — dedi u birdan meni mushuk bolasidek g‘ijimlab va oʻzidan nari itarib. Ammo qoʻyib yubora qolmasdi.
— Bu hali sir, — dedim shivirlab, — Hukumat bilmaydi.

Olim akam boʻshashdi. Meni changalidan qoʻyib, koʻzlarini chirt yumgancha, bir muddat turib qoldi. U aftidan bu xabarni kutmagan, hozir esa, tasavvur eta olmay turar edi.

Men uni xushiga keltirmoqqa urinib, battar qovun tushirdim:
— Siz bularga gapirib yurmang, tagiga yetolmay oʻtirishibdi oʻzlari...

Olim akam «shunaqami hali» deya rapidadek kaftini yelkamga tashlab edi, og‘ib ketarimga bir bahya qoldi. Kamiga:
— Men kimning g‘amida chopib yuribman, u kelib ketibdimi-a? — dedi.
— Bilasiz-ku uni. Kishibilmas shunaqa odatlari bor... — dedim.

U horg‘in bosh toʻlg‘adi:
— Shunisi chakki boʻpti. Oʻzining yoʻliga oʻzi... g‘ov tashlab ketipti.

Men shoshib qoldim:
— Nega endi? — dedim shipshigancha, — bu axir, sir-ku. Birov bilib, birov bilmagan. Hukumat qayoqdan is oladi?

U qoʻl siltadi:
— Sen bilganni ular bilmaskanmi? Yerni tagida ilon qimirlasa bilar. Oʻziga oʻzi qipti. Endi ijozat berib boʻptilar.

Yuragim xunuk tortib, shig‘-g‘ etdi:
— Hali tekshirib kelib... elak-elak qilishadi deng?

U bosh toʻlg‘adi:
— Ungacha borishmasa ham... barcha harakatlarim zoe ketipti.
— Ijozat tegdi, deyayotgandek edingiz-ku? — dedim ichim tushib.

Olim akam endi eshik tagida turishni oʻziga ep koʻrmay, yoʻl boshlayverdi:
— Ijozat Oltinxon toʻramning tomirlariga tekkan. Buni unga hamsoya etib qoʻshmoqchi edilar. Endi oʻylashib ruxsat beradilar...

Bu qizil qor yog‘ib, tuyaning dumi yerga tegsa agar, degani bilan barobar edi.

Sadag‘ang ketay qariyalar (Bir uchi yolg‘iz muallifga ayon tarixlardan)

Ertalabdan ularning boshida shu niyat aylangandan aylanar edi: «Javr-javr — qalami oʻtkirgina oʻsha bolaga boʻpti. Fayzullaxonni insofga chaqirib, Xolbekka uchrash kerakmidi? Savob ham kerak-ku odamga! Bunday tili shirin mirzoni qaytib qachon onasi tug‘adiyu, qachon bizga ishga keladi?! Insof ham kerak odamga».

Qaerdan shu fikr-shu niyat uch qariyaning koʻngliga tushdi, hamma uyiga sig‘ganda ular sig‘may qolgan, eldan burun ishga otlangan edilar.

Jamalaksoch qizaloqligida shu dargohga kelganicha nechta mashinkani «sayratib-qaritgan» Gulsum opoy shu niyat-la sarkotibgami, kimga uchrarini moʻl kelar edi.

Hammadan burun kelib olgan ishxonaning «ming yillik kutubxonachi»si (qarib, pakana tortib — mitti kampirga aylanayozgan) Osiyo xola esa, eshik-derazalarni ochib, kutubxonani shamollatib oʻtirar, yoʻlakda tiq etgan tovushga bir moʻralab, kimnidir yoʻlini poylar edi.

Gulsum opoy yog‘ tomsa yalagudek yarqiragan yoʻlakka kirib kelganida kotibning eshigi har qachongidek ochiq turar, opoy niyatiga yetgandek edi. Sumkachasini ish joyiga tashlab chiqsayoq, bas. «Opoy-opoy»lab bir yerga yetadigan kotib iltimosiga yoʻq demas. Jindek insof qilsa — qilibdi bolaga.

Ammo opoy eshik roʻparasidan shipillab oʻta turib qabulga kechikkanini koʻrdi. Hamisha xushchaqchaq kotibning roʻparasida baland boʻyli, salobatdan Xudo qismagan adib Habib Noʻ’mon (oʻsha «Yoshlikda bergan koʻngil»ni yozgan kishi) yuzidan nur yog‘ilib oʻtirar edi. Bu nur bejizmas, Habib aka oʻn yoshida Qur’on koʻtargan — «bulbul qori» nomini olgan ekan. Buni hozir birov bilib, birov bilmaydi.

Shu odam bugun ertalabdan bu xonaga qoʻr toʻkib, kotibni qadim bir rivoyat bilan siylar, u ham jon qulog‘ini berib tinglar edi.
— Shunaqa, Fayzullaxon. U tuyakash yigitning hech bir tuyasidan noliydigan joyi yoʻq ekan. Hammasi choʻk desa, choʻkar, tur desa, turarkan. Burundug‘idan ip oʻtkazib, Shomga qadar borib keladi ekan. Kunlarning birida oʻsha tuyalaridan bittasiga jin tegib, birovning bog‘iga surib ketibdi. Surib ketgani mayli, yigitga boʻy bermay butun bog‘ni payhon etib tashlabdi. — Habib aka soʻzni birovdan qarzga oladigan odam emasdi. Shu bois kotib eshikni berkitishni ham unutib uni tinglar, ikkisi ham rivoyatga berilib ketgan edilar. Habib aka esa, hatto oʻrnidan turib olib, papirosni ulab chekkanicha hikoyani davom ettirar edi. — Shunaqqib, Fayzullaxon, quturgan tuya arzimagan vaqt ichida birovning guldek bog‘ini yer bilan bitta qilibdi. Egasi chiqsa, haligi ahvol. Yigit tuyasini quvib yurganmish, tuya esa, u tomondan bu tomonga haloplab choparmish. Bog‘bonning fig‘oni chiqib, tuyakashni boʻralab soʻka ketibdi:
— He, eplasang yetakla-da tuyangni! Oʻrgildim sendek tuyakashdan! Ol, quturgan tuyangni, Xudo bezori,— deb kamiga orqasidan tosh otgan ekan, yigitning toʻpig‘iga borib tegibdi. Yigit ham jon achchig‘ida oʻsha toshni ola bog‘bonning oʻziga itqitsa — Xudoning yozmishini koʻ¬ring— tosh qariyaning boshiga tegib, u shilq etib qulabdiyu omonatini topshirib qoʻya qolibdi.

Shovqin-suronga qoʻrg‘ondan yugurib chiqqan oʻg‘illar koʻrishsaki, haligi ahvol: bog‘ payhon qilib tashlangan, kamiga otalari yerda jon taslim qilib yotibdi. Oʻg‘illar, albatta, buni tuyakashdan koʻrib, avval uni tutib, toza doʻpposlashibdi. Axiyri esa, qonga qon da’vo qilib, qoziga boshlab keptilar. Qozi nima qilsin, tuyani jazoga tortolmaydi, tuyakashni oʻlimga hukm qipti. Shunda Fayzullaxon, haligi musofir soʻz soʻrab, qoziga murojaat etibdi:
— Qozi janoblari, na iloj, osmon yiroq, yer qattiq, men hukmizga roziman. Faqat menga uch kungina muhlat bersangiz. Falon shaharda yolg‘iz onamu ahli ayolim qolgan. Qolaversa, odamlardan olgan omonatim bor. Ruxsat eting, uni qaytarishga, tokim or¬qamda qarzim qolmasin. Borish-kelishga ikki kun ketadi. Bir kun ularni koʻrib, qarzlarimni qaytarishga yetar, — debdi.
— Yaxshi, kim kafillikka oʻtadi? — debdi qozi.

Hamma jim emish.
— Xaloyiq, men yigitga ijozat berolmayman. Kimdir kafillikka oʻtishi kerak, — debdi qozi.

Shunda Fayzullaxon, oppoq kiyingan bir qariya oʻrtaga chiqib kelibdi:
— Mana, men oʻtdim, unga javob beringiz: boʻynidagi qarzlarini uzib kela qolsin, — debdi u.

Hukm kuchga kirib, yigitni ozod etib oʻrniga qariyaning bilaklariga kishan uribdilar...
— Ajabo, qariya nimaga ishonib kafillikka oʻtibdi? Yigitni qaerdan taniydi ekan? — dedi kotib.
— Siz oxirini eshiting, Fayzullaxon,— dedi adib.
— Hali oxiri ham bormi?
— Boʻlganda-chi! — dedi Habib aka papirosni bosh barmog‘i birla oʻrta barmog‘ining orasiga olib, uchini kuldonga ezg‘ilarkan. — Aytilgan muddat oʻtib, kafil dor tagiga opchiqib qoʻyilganmish-u, yigitdan darak yoʻqmish. Qozi hayron: ostirib yuboray desa, qariya uvol. Tangrining oldiga borganda nima deb javob beradi?

Da’vogarlar hayron: qotil ketib, bir oppoq — taqvodor qariya dor tagida ikki rakat namozini oʻqib oʻtirganmish.

Xaloyiq hayron: yosh ketib, dor tagida qariya qolganiga. Buning hikmati ne — hech kim tagiga yetolmasmish. Kafil turma, kafansiz ketasan deganlari balki shudir? Shunda uzoqdan bir qora koʻrinibdi. Tikilib, intiqib qarashsa, javob soʻrab ketgan musofir halloslab chopib kelayotibdimish.

Yana hamma hayronu hayratda qopti: nedurki oʻlimdan qutulib ketgan tuyakash dor tagiga qaytib kelyaptimish. Kelganda ham kech qolmadimmi deb, halloslab chopib kelyaptimish.

U yetib kepti ham:
— Voh, Xudoyimga shukr, ulgurib keldim-a, jilla qursa, sizning ham xuningizga qolar edim, — deb qariyaning oyoqlari ostiga oʻzini tashlabdi.

Shunda qozi kafilni ozod etishlarini buyurib, yigitga savol nazari bilan qarabdi:
— Xoʻsh, oʻg‘lim, dordan qutulishga-ku qutulib ketuvding. Yana nechun halloslab yugurib kelding, oʻlimga shunchalar tashnamisan? — debdi.

Yigit oʻrnidan turib, javob qilibdi:
— Oʻlimga tashna emasman, lekin bu kishiga soʻz qilib ketgan edim, musulmonlar lafzida tura bilmasakan demasinlar deb, qaytib keldim, — debdi u.

Qozi kafil turgan qariyaga oʻgirilibdi:
— Siz-chi, qariya? Bu yigitni tanirmidingiz?
— Yoʻq, tanimasdim, — debdi u.
— Unda nimaga ishonib kafillikka oʻtdingiz? — debdi qozi.
— Lafziga ishonib. Qolaversa, bu shaharda bir musofirni kafillikka oladigan musulmon qolmabdi, demasinlar deb oʻtdim, — debdi qariya.

Shunda bog‘bonning da’vogar oʻg‘illari oʻrtaga yugurib chiqib, tuyakash yigitni quchoqlab olibdilar:
— Shoshmang, qozi janoblari. Bu yigitni biz gunohidan oʻtdik, Alloh rozi boʻlsin sizlardan, — deb turib olishibdi. Taqdir shunday narsa, Fayzullaxon. Men ham oldingizga shu oq boshim bilan bir ish yuzasidan kirib oʻtiribman, nimagaligini tushungandirsiz? Keling, Siz ham oʻsha mirzo bolaning gunohidan oʻting. Hamiyat qiladigan odam qolmabdi, demasinlar bu ishxonada. Oʻzi uzoqqa boradigan bola, abgor qilmaylik uni...

Gap aylanib nimaga taqalganini anglab yetgan kotib, oʻrnidan turdiyu bosh egdi:
— Men rozi, qori aka, — dedi u oʻzi ham allaqanday yengil tortib. — Faqat Xolbek akaning oldilaridan bir og‘iz oʻtsangiz boʻlarmidi...
— Oʻtaman-oʻtaman, — dedi qariya ham tura boshlab, — Sizga rahmat, Fayzullaxon, men qariyaning soʻzini ikki qilmaganingiz uchun. Xudo xohlasa, buning ajrini ham koʻrgaysiz, — dediyu chiqdi.

Haftaning boshi hech kim kutmaganda ana shunday xayrli boshlangan edi. Darvoqe, sadag‘ang ketay qariya-lardan bunday goʻzal vallomatlikni kutish kimning xayoliga kelibdi?!

Yusufbekxojining chevarasidan koʻrilgan muruvvat

Men «ishdan haydalib boʻlgan odam»... haftaning boshida eldan burun ishxonaga yetib kelganimga oʻzim hayron edim.

Qoʻltig‘imda bir dasta topshiriladigan kitoblar, qavatimizga koʻtarilolmay (xuddi koʻrgan odam: oʻl kepsan-ku, deydigandek!) zina tagida qisinib turarkanman, elburutdan kelib olganimga oʻzim pushmon edim. «Kamchatka»dagi kutubxonaga oʻtib olsam bas edi-ku, lekin qavatimizga chiqib, yoʻlakdan oʻtishga yuragim bezillab turar, biron kishi bilan koʻrishib qolishdan qochib, zina tagidan chiqolmas edim. Birdan kallam ishlab qoldi: axir, past qavatdan borsam, oxirida zina bor-ku. Undan chiqib, kutubxonaga kirib olish mumkin-ku. Qolaversa, oʻsha yerda jon saqlab, biron soat oʻtirgach, kutubxonachi Osiyo opadan azmoyish olib, buyruq chiqqan-chiqmaganini bilmoqchi edim.

Bu niyat oʻzimga ham ma’qul tushib, pastki qavat bilan shipillab borib, yoʻlak oxiridagi zinadan shunday koʻtarilsam, baxtimni qarangki, kutubxona eshiklari lang ochig‘-u, tiq etgan jon koʻrinmaydi. Osiyo opa xonani shamollatay deb, eshik-derazalarni ochganu oʻzi poʻchta olganimi, nimaga ketib, qaytmagan edi.

Jonim kirib, kutubxonaga oʻzimni urdimu kitob javonlari ortidagi qay bir derazaning rahiga oʻtirib olib, koʻrib ulgurilmagan kitobni varaqlashga tushib ketdim. Hali topshirib yuboradigan boʻlib qolsam, qaytib koʻra olamanmi-yoʻqmi, deb oʻqishga berildim. Qolaversa, biron yerda vaqt oʻtkazmoq ham kerak-ku.

Bir mahal Osiyo opa bilan boshlashib, kutubxonaga kimdir kela boshladi. Ular yoʻlakay hol-ahvol soʻrashib kelardilar:
— Shunaqa deng-a, Osiyoxon, qarab turib momo boʻpqopsiz-da, muborak boʻlsin, muborak boʻlsin. Xudo umri bilan bergan boʻlsin. — Ovoz juda tanish edi, men ularni koʻrmasam-da, boshlashib kelayotgan odamni tanib boʻlgan edim: u muharrir muovini Xolbek aka edi. — Bir eriydigan boʻpsiz-da, Osiyoxon. Qachon endi chaqirmoqchisiz? — Xolbek aka ichkari kira oromkursilardan biriga yastanib ola qoldi.

Menga juda noqulay tuyilib ketdi: chiqay desam, chiqib ketolmayman, qolay desam, qololmayman. Derazadan tushib gum boʻlish ham mahol. Qamalib qolgan oʻg‘ridek qisinib oldim.
— Keyingi haftalarga, — dedi Osiyo opa uning qarshisiga choʻkib, — yana oʻziz bilan maslahatlashib kunini aniq qilarbiz.
— Bu boshqa gap. Siznikidan ham va nihoyat is chiqadigan boʻpti, Osiyoxon. Tabriklaymiz-tabriklaymiz, tortinmay aytavering, nima yordam kerak, — dedi Xolbek aka eshilib.
— Borsangizlar boʻldi, — dedi Osiyo opa, — boshim koʻkka yetadi.
— Yoʻq, undaymas. Qutlug‘ dargoh degan nomimiz bor. Tortinmay aytavering, nima kamchiligiz bor: gilammi, televizormi? Bizdanam biron esdalik kirsin oʻsha kulbaga.
— Ey Xolbek aka, qoʻying unday narsalarni, — dedi kutilmaganda qoʻl silkib Osiyo opa. — Sizdan koʻp yaxshiliklar koʻrganmiz. Ortig‘i ortiq. Faqat...
— Nima faqat? — dedi Xolbek aka qaddini sal koʻtarib. U men tomonga qarasayoq bu yerda kim oʻtirganini koʻrar-u, lekin qaramas, butun fikri-zikri kutubxonachida edi.
— Bizga qiladigan yaxshiligizni bir odamga qilsangiz xoʻb savobga qolar edingiz, — dedi Osiyo opa oʻtininqirab.
— Kimga ekan, men taniymanmi, oʻzi? — dedi Xolbek aka bu dabdurust gapdan hayron qolib.
— Taniysiz, — dedi Osiyo opa.
— Oʻzi-chi, til-zaboni yoʻqmi oʻzining? Sizni oʻrtaga qoʻymasa? — dedi Xolbek aka negadir qiqirlab kulib. (Birov yordam soʻrab kirsa, u kishining shunaqa eshilib ketadigan odati bor edi.)

Hozir ham oromkursida taltayinqirab oʻtirganicha oyoqlarini choʻzib, ikki qoʻlini ikki yonga tashlab yuborgan edi.
— Birov oʻrtaga tush degan joyi yoʻq, Xolbek aka. Oʻzimcha soʻrayapman, — dedi Osiyo opa stol ustini kafti ila sidiribmi, artibmi.
— Oʻzimcha? Iy, g‘alati-ku, oʻziz qolib, birovga soʻrab yursangiz, — Xolbek aka koʻzlarini yumib, boshlarini sarak-sarak qilgancha ta’sirlanib-ta’sirlanib kula boshladi. — Anoyimisiz, nima balo?!
— Eshiting-da, Xolbek aka, — dedi kutilmaganda opa zardaliroq qilib. — Sizday odam bor joyda nohaqlik boʻlsa, yaxshimas-da. Toʻg‘rimi?
— Iy, qiziq-ku. Qanaqa nohaqlik? Qolaversa, men kim boʻpman? — dedi Xolbek aka qizishibroq. U gap oʻzani bu yoqqa burilishini kutmagan shekilli «Voy, Osiyo xonim-ey. Shunaqa deng-a? Men kim boʻpman?» deb qoʻyar edi.
— Sizmi, Yusufbekxojining chevarasisiz. Xojining esa kimligini yaxshi bilasiz, — dedi kutilmaganda opa.

Birdan Xolbek aka ang-tang qolgancha, qotib qoldi. Koʻrib turibman, uning yuzi qorayib, qoʻng‘irtob tusga kirgancha qolgan, oʻzi Osiyo opani endi koʻrayotgandek tikilgancha tosh qotgan edi. Bu tarixni eshitayotgan oʻzim-chi, undan kam lol emasdim: Qarang-a, kimlarning zurriyotiyu avlodi bilan ishlayotgan ekanmiz, derdim.1 Ammo u:
— Siz nima deyayotganingizni bilasizmi oʻzi? — dedi anchadan keyin ovoz bitib. Oʻzi esa turib ketarini ham, qolarini ham bilib boʻlmasdi. Men Xolbek akani bu holatda birinchi marta koʻrib turishim edi, qarshisida Osiyo opadan boʻlak odam boʻlsa, nima deyarini oʻzi biladigandek edi.
— Nega bilmayin, Xolbek aka. Siz oʻshalarga tortib borayotganingiz bilan biz faxrlanib yuramiz-ku,— dedi u. — Shundan haddim sig‘ib, shu gapni sizga aytayapman-da. Yetimlarga siz muruvvat qilmasangiz, kim qiladi, Xolbek aka?
— Xoʻ-oʻv, Osiyoxon-Osiyoxon. Sen meni jon-joyimdan olding-ku, jon-joyimdan, — dedi Xolbek aka kutilmaganda uni sensirab va bosh chayqab-chayqab. — Hamma menga oson tutsayam, sen tutma, Osiyo. Menga qolsa, bilasanmi, Osiyo, nima qilardim: hech kimning koʻzyoshini oqizishga qoʻymasdim. Qoʻydirmasdim! Na ilojki, ixtiyor mendamas. Qolaversa, biz sen aytgan, nomlarini tilga olgan buvalarimizning tirnog‘iga arzimaymiz! Nima qilibmizki, Xolbek nomini koʻtarib yuribmiz?! Yodgor oʻg‘li nomida yuribmiz?! Sen mening xasrat qutimni, shon qutimni, hammadan sir tutgan asror qutimni ertalabdan ochib yubording, Osiyo. Men istamaymanmi, qutidoru Yusufbekxojidek buva-kalonalarimizga oʻxshab muruvvatpesha boʻlib yashashni? Ammo unga qani imkon, qani sharoit? Na qilaylikki, Osiyo, toleimiz shunday past yaralmish?! Balki men adashayotgandirman, izdan chiqib ketgandirman. Lekin ilojim qancha, qahri qattiq, xoʻmraygan bir zot, oʻzini kulib yenggan, nafs bandasi qilib koʻrsatgan qiyofada yashashga majburman, Osiyo. Hamma tushunmasa ham sen tushunarsan, deb oʻylayman... Ha, darvoqe, kimga muruvvat qilmoq kerakligini aytmoqchi eding? Koʻnglim mumdek erigan chog‘da aytib qol. Keyin kech boʻlmasin.
— Oʻsha qalami oʻtkur mirzoni, sizning yurtingizga borib ishlab kelgan yigitni aytaman, — dedi opa kutilmaganda mening nomimni tilga olib, oʻng‘aysizlikdan turib ketarimni ham, qayoqqa qocharimni ham bilmasdim men.
— Ha, ungami, ichidagi alamini sezdirib qoʻygan anuv mirzogami? — dedi Xolbek aka eslab. — Uning aybi bitta — bizga oʻxshamaydi, — dediyu u tura boshladi.
— Nima qilsin, kirsinmi? — dedi Osiyo opa ham qoʻzg‘olib.

U kishi yarim yoʻlga borib oʻgirildi:
— Mayli, — dedi boʻg‘iq bir tovushda, — ammo aytib qoʻy, qadamini bilib bossin. Bunaqada qalamini sindirib qoʻyadi. Qalam esa, har kimga ham berilvermaydi.
— Xoʻp, Xolbek akajon, aytaman, tayinlab-tayinlab aytaman. Ilohim, dunyo turguncha turing, — deb azza-bazza ortidan duo qila boshladi opa.

U kishi eshikka yetganda yana toʻxtadi:
— Shu gap shu yerda qoldi. Qolaversa, boyagi gaplaram 1? — dedi oʻtingandek.
— Boʻlmasa-chi, Xolbek aka. Siz meni endi koʻrayotganingiz yoʻq-ku, — dedi opa.
— Devorni ham qulog‘i bor deyman-da, — deb u kishi chiqdi.

Men — devorning qulog‘i esa, chiqar tugul, qimirlashga madorim yetmay turganimcha turar edim. Ammo yuzlarimdan oqib tushayotgan shashqator yoshlarni na toʻxtata olardim, na adog‘i koʻrinardi.

Allohdan chevarroq kim bor, qori aka?!

«Bismillahir Rohmanir Rohiym. Vas solatu vassalamu ala rasulillah. Ammo ba’d.

Xatingizni oldim, qori aka. Diyorga safarni hatto safardoshlardan sir tutmoq lozim boʻldi. Koʻz tegmasin, Bahriddin yetilibdi. U hatto yollab joʻnatgan kishilariga-da mening kimligimni aytmabdi. Shu gung qulimizni ola keting, biz uchun aziz diyorni suvratga tushirib kelsin. Mana bu, xarita, biz yashagan joy-manzillar, mumkin boʻlsa, izlab koʻrarsiz, debdi.

Shu sababga koʻra, Sizga-da ma’lum etolmadik. Ma’zur tutgaysiz.

Diyorga boraringizni bilsam, yolg‘iz tomirimga duo-lar yoʻllagay edim, debsiz. Oʻzimning ham Andijon tomonlarga oʻtish niyatim bor edi, afsus, yoʻl tushmadi. Sizning yolg‘iz Yodgoringiz boʻy-bastini koʻrmoq, sizni xursand qilarlik bir xabarlar keltirmoq ilojini topmadim, uzr. Qolaversa, men birovning qora quli, Allohning bir «gung-soqov» bandasi qiyofasida edim. Izn-ixtiyorim oʻzimda boʻlganida, balki qaytmasmi edim, umrbodga qolarmi edim vatanda! Ammo diyorda qolib boʻlmadi! Jondan aziz yaqinlarimga jabr qilib qoʻymog‘im mumkin edi.

Taqdirning turfa oʻyinlarini koʻringki, qori aka, Vatan jamoliga yetishdim deganda unga sig‘may turardim, begonadek his qilardim oʻzimni. Qandoq qurilgan ekan bu dunyo?! Allohning koʻrsatganiga shukr etib, jim-jim qaytmoqdan oʻzga iloj yoʻq edi.

Hayratlanarli biron narsa koʻrdingmu, deb soʻrabsiz.

Oh, qay birini aytay?! Vatanning har qarichi— misoli bir jannat edi! Uni bir bora koʻrmoq uchun jon nisor etsa arzigay edi! Umrbod sarson-sargardon yurganlaring, begona yurtlarda darbadar kezganlaringga rozi ketmoq mumkin edi! Diyorda qori aka, har qadamda jannat islarini tuymoq mumkin edi. Har soniyada bir yig‘lab, boʻshanmoq mumkin edi. Bu yig‘iga, u koʻzyoshlariga hech narsani tenglashtirib boʻlmasdi.

Faqat bir afsus, bir armon yurakni oʻrtaydi: farzand boʻlib tug‘ilib, bu diyorga nima qilib beroldik? Roʻshnolik chirog‘ini yoqmoqchi edik — yoqoldikmi, Alloh rozi boʻladirgan bir ishlar qilmoqchi edik — qiloldikmi, mana shular tinchlik bermasdi, oʻrtab qoʻymasdi. Yaxshiyam «gung-soqov» boʻlib ketganim, damim ichimda, alamimni koʻzyoshlarimdan olardim, xolos.

Yana bir gap.

Biz ham oʻzimizni mujohid sanab yuribmiz ekan, qori aka. Bilasizmi, borganimdan kelgunimcha bolalikda koʻrganim bir voqea hech koʻz oʻngimdan ketma¬-sa-ya!..

Oʻsha bolaligimizda qishloqning eng chekkasida yolg‘iz bir xonadon boʻlguchi edi: atrofi uch paxsa devor bilan oʻralgani kamdek, oʻngib ketgan darvozasi hamisha berk — qulflog‘liq turar edi. Uning qulfi zang-lab, qorayib ketgan, qachon ochilganini ham hech kim eslay olmasdi. Kaliti soyga tashlab yuborilgan deyishardi kattalar. Nega, biz hech tushunib yetmasdik. Oʻsha tuproqtomli, pastak uyga odam zoti kirib-chiqmas, bizni ham yaqin yoʻlatishmas edi.

«Borakoʻrma, oʻlasan! U yerda yakkamoxovlar yashashadi! Nima, senam yakkamoxov boʻlib qolmoqchimisan?» deb soʻkib haydashgani-haydashgan edi.

Lekin bizga qiziq edi. Bu yoqdan haydashsa, u yoqdan aylanib borib, tomosha qilardik. Oʻsha yassi tomiga orqa tomondan chiqib yotib olardik-da, yakkamoxov — er-xotinning uydan chiqishlarini kutardik.

Bir mahal yuz-koʻzlarigacha oʻranib olgan ajinadek bir ayol chiqardiyu bizni koʻra derazalariga latta-lutta tutib tashlangan uyiga urib ketardi yana! Keyin soch-soqoli oʻsib, patak bog‘lab ketgan barzangi eri chiqib, qoʻliga ilingan narsani tomga otganicha, bizni boʻralab soʻkib haydashga tushar edi. Qochmay koʻr-chi!

Biz qay birimiz tomdan tashlab, qay birimiz qorinlarimiz tilinib, boʻg‘otga osilib qolar edik.
— Yoʻqollaring, otib tashlayman! Joningda umiding bormi, ahmoqlar! — deb baqirardi ortimiz-dan u.

Qayda, sal nari borib, biqinib turib, uni oʻchishi ila yana qayta tomga tirmashardik. Qiziq-da: ekmasa, tikmasa, soyga suvga chiqmasa. Birovlar nahraga qoʻyib ketgan nonmi, sut bilan kun koʻrsa. Yashab boʻladi ekanmi shunday?!

Eri tog‘dan tushib kelgan, soppa-sog‘ edi. «Bosmachi»lar orasida yurib-yurib kelsaki, xotini bunday dardga yoʻliqib, hech kimga aralasholmay qopti. U shu qolgancha qolib ketdi, irganmay ham yashayapti edi. Qarang-a, moxov bilan ham yashash mumkin ekan! Qirqma miltig‘ini yelkasiga osib ketvorsa — tog‘dagi sheriklariga qoʻshilib ketsa, kim nima derdi?! Ketmadi! Shu ketmagani qiziq edi bizga! Yassi tomga yotvolib, uning hovlida xotiniga, oʻziga dori tayyorlashiga termulganimiz-termulgan edi. U esa, hovlidagi yolg‘iz sariq anjir soyasida oʻtirvolib, tabibchiligini boshlardi. Ya’ni biz avvalgi kunlari eski devorlar tag-kavaklaridan terib kelgan bosh barmoqdek-bosh barmoqdek chayonlarni shisha bonkadan bittalab tushirib, qoʻliga olardi-da, (qoʻrqmagani uning! Chaqib oladiyam demasdi!) boshini boshmaldog‘i bilan oʻrta barmog‘i orasiga olib, eza boshlardi.

Shunda deng, chayon dumini gajak qilib, nishini urarga joy izlab qolardi. U esa, chapdastlik bilan sutli kosaning chetini tutardi. Shunda chayon kosa chetiga nishini urib, zaharini toʻkar, keyin oʻsha sutni avval xotini, soʻng oʻzi simirib icha boshlar edilar! Voh, qanday dahshat! Chayon zahrini ichsalar-a! Biz yotgan yerimizdan tura qocha boshlardik.

Ana oʻsha moxov xotinidan kechib ketolmagan qora soqolli odam, uning sutga zahar solib dori tayyorlashlari butun safar davomida koʻz oldimdan ketmasa-ya, qori aka! Bolalikda uncha anglab yetmagan ekanmiz. Shuncha yillar kechib, endi uning kimligi menga ma’lum boʻlib borayotgandek edi!

Oʻzingiz ayting, qori aka, ahli ayolining boshiga oʻshandek qora kun tushgan chog‘da ham uni tashlab ketmagan, undan irganmagan, oxirigacha bir tom ostida yashashga koʻngan kishi oldida biz kimmiz, kim boʻbmiz?! Ana uni mujohid desa boʻlar! Balki shuning uchun butun safar davomida koʻz oʻngimdan ketmagandir. Nima boʻlganda ham Allohning hikmatiga tushunib yetmoq dushvor edi, qori aka.

Qolaversa, bu xatni yozmog‘imdan murod — oʻsha safar chog‘ida yana bir odam uchradiki, uni sizga aytmasam boʻlmas. Chunki uni siz bizdan yaxshiroq bilasiz. Ha-ha, oʻsha sizning haloskoringiz, Miyonkoʻldagi qatli omda shuncha qori ichidan sizni qutqarib qolgan nobakor shogirdingiz edi u. Kelib-kelib nega u menga yoʻliqdi, oʻzim hayronman. Yo bu ham Allohning chevarligi, xos hikmatlarini bir-bir ma’lum qilmog‘i edimi? Bilasizmi, men uni qaerda uchratdim? Toshkentning qoq markazida, oʻsha Piyonbozor oʻrnida qurilmish mashhur mehmonxona oldida uchratdim, qori aka.

Oqshom edi. Koʻchaning u betidagi teatr maydonida odamlar sollanib kezishar, favvora shovvasi tinim bilmay tepaga otilib yotar, faraxli bir pallada oʻsha aziz manzaralardan koʻz uzolmay oʻtirarkanman, eski gazetalar taxlamini orqalagan bir bedavo koʻchani kesib oʻta boshladi. Uning egnida rangi unniqib ketgan bir koʻk movut kitel-shim, belida qoʻsha-qoʻsha yag‘iri chiqqan belbog‘lar, peshonasini ham oʻshanday bir latta bilan tang‘igan, oyog‘iga esa kimlardan qolgan koʻn etikni kiyib olgancha kelmoqda edi. Kuni bilan biz tomonga hech kimni yoʻlatmagan melisa yigitlar ham charchashgan shekilli, unga orqa oʻgirib, oʻzlarini koʻrmaganga solib turishar, bedavo esa toʻg‘ri biz tomonga kelmoqda edi. Yelkasidagi kamdek, katta bir gazeta bog‘lamini bilagiga ilgancha (u har qadamda tizzasiga urilib chir aylansa ham parvo qilmas), oʻzi bir narsadan quruq qoladigandek shu tomonga yer suzib kelar edi. U shu atrofning sang‘i — devonasi shekilli, birov qayrilib boqmas edi.

Mening esa, (tanimabman avvaliga!) ichim achib boryapti. Shu atrofda gazet chiqaradigan gazetxonalar bor, shu dargohlarning tuzini yalab oʻtgan mirzo ekanmi, qariganida xor boʻpti-ku, deyman. Ammo kitel-shimidan boʻlak toifaga oʻxshaydi. Kim boʻlsa ekan, boyaqish? Bu orada u men oʻtirgan joyga yetib kelib qoldi. Orada nechtadir zina bor, shu kelishida yukini yerga qoʻymasa, men oʻtirgan oʻrindiq oldiga kelib toʻxtashi, yukini qoʻyib, nafas rostlashi tayin edi. Oʻzi ham qora terga tushib ketipti. Nima zaril ekan, shuncha taxlam narsani koʻtarib yurish?!

Yoʻq, devona birinchi zinadayoq yukiga qoqilib, choʻkkalab qoldi. Orqasidagi yuki esa, boshidan oshib tushib, chizimchasimi, nimasi choʻrt uzilib ketdiyu oʻzi sochilib, yer bilan bitta boʻldi! Ana shunda u ortidan it quvgan devonadek hovliqib matohlarini tera ketdiyu men uni yaqindan koʻrib, hang-mang qoldim. U oʻzimizning baqiroq Akmal oʻrisimiz, otdan tushsayam, egardan tushmaydigan chulchutimiz edi, qori aka.

Boya bir tomonga siltanib yurib, sal oqsab kelayotgandi, shundan ham tanimabman. Hozir qarib, yana ham xarob tortgan, men uni maymundan battar xunuk yuzidan tanib qolgan edim.

«Ha, Akmal aka? Bu yerlarda nima qilib yuribsiz?» deb yuborishimga bir bahya qolgan edi.

Soʻnggi damda tilimni tishlab, damim ichimda jim qola qoldim. Men kinochilarga yollanib kelgan kimning qora quli (zanjidan battar odam) uni tanishim mumkin emasdi! Buning ustiga «gung»man! Borib-kelib uni uchratgan yerimni qarang!

Yaxshiyam u esi kirarli-chiqarli bir odam, meni tanimadi. Tanib qolgandami, koʻrardingiz tomoshani! Yalab-yulqab oʻpa ketsami, quchoqlab olsami — badnom qilardi odamni. Shuncha toat-ibodatlarimni bir pul qilardi! Yoʻq, Xudoga ming qatla shukrki, tanimadi.

Matohlarini hovliqa-hovliqa terib-bog‘larkan, irgangandek bir qarab qoʻydiyu, yana uni yelkasiga ortmoqlab, soʻkinib-netgancha bosmaxona tomonga keta boshladi.

Men hayron edim: u bu yerlarda nima qilib, tentirab yuribdi? Nima izlaydi? Yo qachondir shu atrofdagi biron idoraga bog‘langanu endi uni izlab topolmaydimi? Yelkasidagi gazetlari nimasi? Nega uni hech kimga ishonmay ortmoqlab yuribdi?

Shunda Siz sarhaddan narida aytib bergan tarix yalt etib yodimga tushsa-ya! Miyonkoʻl fojiasi, qancha qoriyu qurrolarni, Qur’onni yod olib, koʻksiga joylagan kishilarni oʻzimizni chulchutlar soʻygani yodimga tushib ketsa-ya! Bu axir oʻsha shogirdiz edi, qorilarning boʻyniga tig‘ tortib, dudama bilan ularni shahidlik maqomiga yetkazgan kishi!..

Sopi oʻzidan chiqarilgan bir jallod oʻshanday kunda Sizni tanib qolib:
— Ie, ustoz, Siz bu yerda ma’qib yuribsiz? Yoʻq, bu kishi bulardan emas! Men kafilman, kafillikka oʻtaman, — deb Sizni chiqarib yuborishi, naqd oʻlimdan olib qoluvini qanday tushunmoq kerak, qori aka?

Yo bu ham Allohning xos hikmatlaridan birimi? Bandasi anglab yetolmaydigan?.. Balki. Axir aytadilar-ku qirq yil qirg‘in boʻlsa, ajali yetgan oʻladi deb.

Akmal oʻrisning bunday holga tushib yuruvi-chi? Bu ham bejiz emasdir? Oʻsha qoʻydek boʻg‘izlangan qorilarning qoni tutmasa, kishi bu holga tushmasa kerak edi?!

Yo shu atrofda bir vaqtlar oʻsha ishga undagan bir mahkama boʻlganmiki, u oʻshani izlab sargardon tentiragan devonaga ham oʻxshar edi. Balki men yanglishayotgandirman, boshqa bir gazet jinnisini Akmal oʻrisga oʻxshatib yuborgandirman. Lekin maymundek xunuk, tas¬qara basharasi hech koʻz oʻngimdan ketmasdi.

Alloh har bandani shu kuyga tushmoqdan Oʻzi asrasin! Oxiratda koʻradiganlarining uchqunini bu dunyodayoq koʻrsatib qoʻyganga oʻxshar edi, tavba.

Shom tushib kelar, shahar oʻrtasida qaydandir achchiq kuyindi hidi anqib-anqib kelar edi. Diyorga bunday boʻylarni ravo koʻrmagan bir quli — men alamimni ichimga qult-qult yutib oʻltirar edim.

Alloh hammamizga Oʻzi toʻzim bersin, qori aka. Nazarimda, diyorga qaytmoq fasliga hali erta shekilli. Balki men adashayotgandirman. Ilohim, adashgan boʻlay.

Addoyi Sultonmurodingiz

Jidda».

Astrobod etilmish ulug‘lardan biri

Qurt dahaga kirgandek hammamiz oʻz stolimizga muk tushib, ishga kirishib ketgan ekanmiz, qitir-qitir bilan yozuvimizni yozib yotsak, qoʻng‘iroq jiringlab qoldi.

Mudirimiz telefon qulog‘ini istar-istamas olib, jindek firoq, jindek zarda ila:
— Lab-bay? — dedi.

Keyin eshitib turib-turib:
— Bor, bor, — dediyu goʻshakni oʻzidan chetga olib,— koʻzi uchib turibdi oʻziyam,— deganicha menga qaradi,— Akayiz...

Boshimga dovur jimirlov yugurib, taxta boʻlib qolayozdim! Qanaqasiga akam boʻlsin?! Yana keptimi?! Xayolim Sultonmurod akamga ketibdi! Dovdirab turganimni koʻrib, mudirim yumshadi:
— Olim akayizmush. Shunaqa akangiz ham bormi?
— Shunday demaysizmi! Esimni chiqarib yubordingiz-ku, — dedim oʻrnimdan tura boshlab.
— Ha-a, xayoliz anuv akayizga... ketibdimi? — dedi u menga achininqirab.

Hamma gapni bularga aytib boʻlarmidi! Ayniqsa, anuv «feleton voqeasi»dan keyin. Tushungan unday deydi, tushunmagan bunday. Ustiga-ustak akamga oʻxshab chetda qolib ketganlarga qayishib-ku, oʻzim badarg‘a boʻlib ketishimga bir bahya qoldi. Kimlar oʻrtaga tushib, kimlar kafil turib, joyimda zoʻrg‘a ilinib qoldim. Yana xayolim qochganini qarang. Bunaqada bir kunmas bir kun pand yeb qolishim tayin. Olim akam ham qiziq, shu yoqqa qoʻng‘iroq qilib yurmay, uyga oʻta qolsa boʻladi-ku! Nima gapi borakan?

Hayiqibgina telefon qulog‘ini qoʻlimga oldim:
— Labbay?
— E, Maqsud, bormisan? Suyunchini chiqaraver, biz ketyapmiz, — dedi Olim akam tomdan tarasha tushgandek qilib. Oʻlay agar, biron nima tushungan boʻlsam!
— Qayoqqa-qayoqqa?

U sharaqlab kulib yubordi:
— E, pakana pari, pakana pari — xayolimdan ketmaydi nari! Unutdingmi, anuv kungi gaplarni? Ijozat tegdi. Oʻzim olib ketyapman Toʻramning oʻg‘illarini...
— Shoshmang, shoshmang, Yodgor-chi, kennoyim-chi?— dedim nafasim ichimga tushib.

Hozirgina vahimasi olamni buzay deb turgan Olim akam yamlanib qolgandi:
— Aytuvdim-ku... Oʻsha aytganimdek boʻldi. Ruxsat tegmadi. Lekin men boshqa yoʻlini topdim. Akamning boshi bir koʻkka yetsin! Asli shunga qoʻng‘iroq qilyapman. Yordaming kerak, — dedi boyagi-boyagi hovliqib.
— Men-a? Meni qoʻlimdan nima keladi ekan? — dedim niyatiga tushunolmay.

Olim akam endi oʻzini bosib, dona-dona tushuntira ketdi:
— Sizlarda Penson, Glauberzon degan suvratchilar bor-a?
— Bor. Unisi oʻtib ketgan boʻlsa ham, bunisi bor. Juda yaxshi taniyman.
— Oʻshani opkela olasanmi?
— Qayoqqa? Siznikigami?
— Nega, oʻzinglarnikiga. Taklif qilsang kelar?
— Kelardi, lekin nimaga? — dedim oʻsha-oʻsha hayron qolib.
— Bir donagina, zoʻr suvratlari kerak. Qotirib olib bersin.
— Kimni... olib beradi?
— Ey g‘alcha, — dedi kulib Olim akam, — nega tushunmaysan! Oʻzlarini olib ketolmaganim-ketolmagan, jilla qursa, suvratlarini olib ketay! Axir oldiga shuncha joydan shoʻppayib bormayman-ku! Jilla qursa, ruxsoriga toʻysin, xotirjam tortsin!.. Qalay?!.

Men boʻshashib tushgan edim:
— Yaxshi, men soʻrab koʻray...
— Sen yaxshilab iltimos qil. Xorijga ketayotgan odam bor, olib ketishi kerak de. Diydor qiyomatga qolib ketmasligi uchun ham kerak de. Ular tushunadi.

Men ado boʻlgan edim: akam shunchalar omadsiz ekanmi? Oʻg‘rincha bir kelib... (oʻzining yoʻlini oʻzi toʻsgani kamdek!..) jigarlarini xorijga chiqishdan ham mosuvo etib ketibdimi? Bu qanaqa jamiyat ekanki, otani boladan, ahli ayolidan ayirib tashlasalar, topishishga qoʻymasalar? Oʻzini kechirmaganlari kechirmagan, bularni uni koʻrmoqdan ham mahrum etganmilar?! Shu bilan osmon uzilib tushadi ekanmi? Muftiy domlaning ham soʻzi kesmabdi-da?
— Boʻldimi, bugun-erta opkelasanmi? Ishondim-a oʻzingga? — deb telefonda shang‘illashini qoʻymasdi akam.
— Yaxshi, ketguningizcha bir amallarmiz, — dedimu telefon qulog‘ini sekin joyiga qoʻya qoldim.
— Tinchlikmi? — dedi mudirim ruhim tushib ketganini koʻrib.

Men tinchlik-tinchlik, dedimu joyimga borib choʻk¬dim. Ammo biron satr yozolmay, oʻtirib-oʻtirib, axiyri xonadan sirg‘alib chiqdim.

Glauberzonning xonasi «Kamchatka»da, kutubxona roʻparasida edi. Iltimos qilsam, yoʻq demasligini bilaman. U shunaqa kichikkoʻngil, yumshoqzabon odam. Qolaversa, oʻziga yaqin olib, suvratlariga ikki-uch og‘iz soʻz yozdirib yuradi. Sening tiling shirin, keyin suvrat ruhiga kira olasan, deb qoʻyadi. Oʻzi keksa odamu negadir biz yoshlarni yaxshi koʻradi.

Oʻsha «Kamchatka»ga boryapsam, apparatini yelkasiga ilib, taqir boshiga yumshoq bir kungrador narsani ilgancha oʻzi kelyapti.
— Salom, uzoqqa boradirgan kichkina yozuvchi. Yoʻl boʻlsin? — dedi.

Men toʻg‘risiga koʻchib qoʻya qoldim:
— Hizrni yoʻqlasam boʻlarkan, Sizga edi.
— Nechuk, — dedi u toʻxtab, — Qaytamizmi?
— Shart emas, oʻzizni koʻrdim-ku, — dedim.
— Unda nima qilishimiz kerak?

Oʻzimga kelganda birovdan bir narsa soʻrolmasdim. Shu odatimni tashlolmadim-tashlolmadim. Hozir ham chaynalibgina dedim:
— Bir odamga bir suvrat kerak ekan. Xorijga ola ketishiga. Shuni olib bera olasizmi?..
— Qachon, qaerda? — dedi u.
— Bugun boʻlsa, bugun, boʻlmasa, ertaga.
— Yaxshi, — dedi u yelkamga qoqib, — hozir vaqting qanaqa? Boʻsh boʻlsang, yarim soatga menga keraksan. Rosti, zoʻr bir yangilik bor. Kimga ilinarimni bilmay turuvdim. Yaxshi uchrading. Boramizmi?
— Siz yur deysizu bormaymi? Nima ekan? — dedim.

U yelkamdan quchib, qulog‘imga shipshidi.
— Kaydalovni bilasan-a?
— Zoʻr rassom, — dedim men, — qotirib chizadi, oʻshami?
— Oʻsha, — dedi ovozini koʻtarmay, — ming yillarga qoladigan bir rasm ishlab qoʻyganmish. Bir odamdan nusxa koʻchirib. Bilding?
— Yoʻg‘-e, qaerda? — dedim yutaqib.
— Yuraver, koʻrasan. Mir Alisherdan bir tuki kam emasmish.
— Shunaqasi ham boʻladi ekanmi? — dedim azbaroyi hayratlanib.
— Boʻladi ekan-da, — dedi u koʻz qisib.
— Kim ekan, aytaqoling, — dedim ichim quriy boshlab. Mening muxbirligim tutib ketgan, endi meni hech narsa undan uzolmas edi.
— Oʻziyam yuz yilda bir chiqadigan ulug‘lardan emish,— deb shipshidi u, koʻzi esa, alang-jalang, yoʻlakda birov yoʻqmi, deb, alanglar edi. — Qolaversa, Astrobod etilmishlardan emish. Volodyaning gapi-da.
— Qaysi Volodya? — dedim tushuna olmay.
— Qaysi boʻlardi, oʻsha Kaydalov-da.
— Ha-a, u bir narsani bilmasa aytmaydi, — dedim men ham. — Ketdikmi?
— Ketdik, boʻlimingga tayinlab qoʻy, izlab yurishmasin, — dedi u.
— Yaxshi, — deya yoʻlak boʻylab ilgariladim.

Qayoqqa ketayotganimizni aytib, pastga tushib borganimda Isoq aka oshnasining almisoqdan qolgan «Pobeda»siga joylashib, ikkovlashib meni kutishar edi.

Jildik. Mening savol xaltam ochilib ketgan, yol-g‘iz oʻzim orqa oʻrindiq oʻrtasiga oʻtirvolib, ijikilashga tushgan edim.
— Volodyaning oʻzi qaerda? Hozir ustaxonasiga boramizmi? — dedim ichim qurib.
— Umi, bir haftadan beri oʻsha kishinikida yotvolib ishlayapti-ku, — deb javob qildi Isoq akaning oʻrniga ham sherigi.

Juda-juda tushunarsiz edi:
— Yotvolib?.. Hech sog‘ yurmaydigan odam-a? Qanday bog‘lanib qopti?

Isoq aka boshini burib, kulimsirab qarab qoʻydi:
— Ishonasanmi, shu rasmni deb, ichishniyam tashlabdi.
— Tashlabdi?.. — Osmon uzilib tushibdi desa, ishonardim, lekin Volodyaning tashlashiga ishonib boʻlmasdi, — Yoʻg‘-e, — dedim baralla.
— Sasha, ayt, oʻzini gapi-a? — dedi Isoq aka sherigiga.
— Bir qultum ham olmayapti, oʻshaqqa boradigan kuni.
— Chidayapti ekanmi?
— «Ranjib qolsa, rasm chiqmaydi. Oʻzining hurmatidan, dinining hurmatidan shunday qilyapman. Shunda bir sir koʻrdim», deydi.
— Tavba, — dedim hayratga tushib, — Oʻsha Volodya shunaqa narsalarni biladikanmi?
— Uni kim deb oʻylayapsan, — dedi Glauberzon koʻrsatkich barmog‘ini nuqib. — Hali borgin, koʻrasan. Hech kim Navoiyni bundoq chizolmagan!

Bu orada Eski Juvadan oʻtib, Sebzorga qarab keta boshladik.
— Oʻzi qayoqqa ketyapmiz? Oʻsha aytgan odamiz shu tarafda turadikanmi? — dedim men.

Isoq aka bosh irg‘ab qoʻydi:
— Borsak, koʻrasan. Hayratlarga botib yurasan, shunaqa davlatmand odam bilan bir zamonda yashayapganimizga.

Sirotkin mashinasini g‘ij-g‘ij odam chiqqan trolleybus ortidan solib edi, kutilmaganda uning shohi chiqib ketib, taqqa toʻxtadiyu mashinamiz borib urilishiga bir bahya qoldi. Siltanib toʻxtarkanmiz, Isoq akaning sherigi:
— Ana, koʻravur, qay zamonda yashayapmiz, — deb kuldi.

Keyin Taxtapulga yetmay oʻngga burilib, tanish mahalla ichiga kirib borarkanmiz, ichim g‘urmishlab, sekin Isoq akaning yelkasiga qoqdim:
— Menga qarang, anuv mashhur tabib — Toʻram taqsirnikiga ketyapgan boʻlmaylik tag‘in?
— Qaysi, Tibet tabiblari ham oldiga tusholmaydigan kishimi? — dedi u.
— Ha-da, qancha yil uy qamog‘ida oʻtirib, endi-endi eshigiga odam kelyapti-da.
— E, balli, Volodya qatta ekan, oʻshatta-da...

Chorak soatlardan keyin biz tanish darvoza oldida toʻxtab, uning bolachasidan engashib oʻtib, ichkari kirib borarkanmiz, oftobshuvoqdagi yog‘och karavotda qoʻsha-qoʻsha loʻla bolishlar orasida, oldida davot-qalam, qoʻlida eskicha nastaliqda bitilgan g‘azalmi, maktubotmi, ushlagan sersavlat qariyani koʻrib, dong qotib qopmiz. Qarshimizda rostdan ham asrlar qa’ridan labbay, deya chiqib kelgan munavvar zotlardek bir moʻysafid oʻltirar, uning nainki oppoq sallasiyu oʻziga yarashgan qizil chakmonidan, balki bodom qaboqlaridan ham nur yog‘ilar, rassom uni shundoqqina chizib olmog‘i mumkin edi...

U kishi men bilgan Toʻram taqsir edilar.

Qamchingizga sallamno, qozi janoblari

«Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Avvalo, azimushshon Tangri taologa bu dunyoda yurgizib, turgizib, oʻziga itoatda qilib qoʻygan bandalari adadi qadar hamdu sanolar boʻlsin.

Mahbub Payg‘ambarimizga boʻlgan muhabbatimiz sababiyu u kishining xulqlari bilan xulqlanishga intilishlarimiz qadar U zotga salovatu durudlar boʻlsin.

Shundan soʻng, qozi pochcha janoblari, bizga koʻrsatgan karamingiz vajidan oʻzlariga sallamno aytarimizga ijozat bersangiz.

Avvalo, oʻzimni tanitay: men oʻsha sizga boʻy egib, ta’zim etmakdan bosh tortgan, buni oʻziga or bilib, g‘ururi qoʻymagan muhojirdirman. Qancha yaxshilar oʻrtaga tushganda ham uzringizni qabul etmab edim.

Yelkaga tushmish bir qamchi tufayli u diyorlarni tark etgan edik.

Eslagandirsiz?

Oʻsha achchiq qamchi bejiz va ham behikmat emas ekan.

Bugun men oʻsha ta’zir qamchisi tufayli erishgan sharofatlarni aytaversam, ishonmassiz ham. Lekin nima chin — shu chindir. Oʻsha ta’zir bizga ulug‘ sharofatlar keltirganini bilsangiz edi!..

Shuni sizga kamoli ehtirom bilan ma’lum qilmoqqa ruxsat etgaysiz, qozi pochcha janoblari.

Oʻsha qamchi boʻlmasa, (yashirmoq nega?!) biz Xudo xohlagancha u diyorda qolmoq, fozillar jamiyati ishini yurgizib, adolat urug‘larini sepmoq niyatini dilga jo etgan edik. Har qancha mashaqqatlar cheksak-da, bu ishdan qaytish niyatimiz yoʻq edi. Diyordan quvilgan kishilar — vatandoshlarimizni oʻz himoyamizga olmoq, imkoniyat yuz ochdi deguncha diyorga qaytarmoq rejalarini tuzmoqda edik.

Qamchi busiz ham oʻksik qalbimizni yomon yaralab, niyatlarimizni puchga chiqargandek edi, biz u diyorni tashlab chiqmoqqa majbur boʻlgandik.

Uzr, qozi pochcha. Muhojirlarni ansorlar kabi bag‘riga olgan bir yurt nechuk ta’zir qamchisiga muhtoj boʻlib qolibdi, deb xafalanibmiz-u, otdan tushib uzr aytmoqqa hozirlangan siz janoblarini tushunmabmiz. Jahl kelganda aql qochibdi. Ammo keyin bilsak, bizning aytganimizmas, Allohning xohlashi ustun kelmoqda ekan. Men buni Makkaga yetib, tavof maydoniga tushganimda, Allohning uyini ikki aylanib kelib, tavof chizig‘iga yetgan joyimda, koʻk chiziq ustida toʻxtab, Hajarul asvad tomon duoga qoʻl ochgan kezimda anglab qoldim. Uyatlu va shirin bir his qamrab kelib deng, jonu jahonimni oʻrtamoqqa boshlagan edi...

Oʻsha achchiq qamchi boʻlmasa, bu xat qayda ediyu biz qaerda edik?! Shu yerlarga yeta bilarmidik hech zamonda? Alloh subhanahu va taologa sallamnolar boʻlsinki, bir qamchi ila iqbol eshigini ochib, bizni bu yoqlarga yoʻllab qoʻyibdi.

Umrbod Oʻziga taqvo qilib oʻtayotgan zotlar qolib, biz Alloh uyiga yetib kelib tursak, minnatdorchiligimizni qay til ila izhor etaylik sizga, qozi pochcha janoblari? Negaki, oʻsha kuni oʻsha soat, oʻsha holatda sizga roʻbaroʻ kelmasak, bu haj qayoqda ediyu, bu tavof qayoqda edi!

Ich-ichimdan bir yig‘i, bir oʻksik bosib kelib, oʻzimni tutolmay qolgan edim oʻsha pallada... Qaysi xizmatlarimiz Allohga xush kelibdiyu U Oʻz uyi — Ka’batullohga chorlab chaqiribdi.

Sizsiz bu sharafga yetishmoq dushvor edi, qozi pochcha.

Ta’zir qamchingizga sallamnolar boʻlsin! Tasannolar boʻlsin! Usiz hidoyat yoʻli qayda ediyu, iqbol eshigi qayda edi?!

Ijozat eting, Ibrohim maqomiga oʻtib, oʻtgan ustozlariz, volidayu volidlariz haqqiga duoda boʻlsam. Shu tabarruk maydonda Qur’on xatm etib, azizlaringiz haqqiga bag‘ishlasam.

Men oʻsha uzringizni qabul etdim. Agar banogoh yoningizda boʻlib qolsam, qamchi haqqini talab qilgan va Payg‘ambarimiz alayhissalom muhri nubuvvatlarini oʻpaketgan sahoba singari yuzlaringizga yuzlarimni bosib, bir xumordan chiqqan boʻlar edim.

Sizga-da bizning yoʻlimizni berib, bu yoqlarga chaqirsin. Oʻzi aziz koʻrib, xorliklardan, xoʻrliklardan asrasin.

Kimni u aziz etibdir — butun dunyo birlashsa-da, xor etolmas. Kimni u xor koʻribdir — barcha inson u taraf boʻlsin — baxtli etolmas.

Umidim bor diyorda qolgan azizlarim bilan shu sog‘inch diyorida koʻrishmoqqa, topishmoqqa. Qay bir hislar shundan darak bergandek boʻlarlar. Ilohim, rost chiqsin.

Sizga barcha izzat-ikrom egasi Allohimdan har ikki dunyo saodatini tilab qolaman, qozi pochcha janoblari.

Duogoʻyingiz

Sultonmuroddan deb bilgaysiz.

Makkai mukarrama».

Dunyo turguncha turadirgan bir ish

«Ayollar saltanati»da edim. Biz mashbyuroni ham ba’zan shu nom bilan ataymiz. U yerda nuqul mashinkachi qiz-juvonlar ishlashadi va koʻpincha biz numerga tushadigan qistalang ishlarni aytib turib yozdirgani bu saltanatga kiramiz.

Ishimni Gulsum opaga yozdirayotgan edim, telefonga yaqin oʻtirgan juvon:
— Hoy, mirzo yigit, astaroq aytavering, koʻz tegadi. Baribir sizni shahar telefoniga chaqirishyapti ekan, — deb qoldi.

Ishni beliga tepishganidan og‘rindim-u, lekin buni qilcha sezdirmay oʻrnimdan turdim. Yoʻlakay Gulsum opaga uzr, juvonga rahmat aytib chiqdim.

Borsam ayolim:
— Adasi, assalomu alaykum, uzr, menman, — deb turibdi telefonda. U huda-behudaga qoʻng‘iroq qilavermasdi.
— Nima gap, tinchlikmi? — dedim alik olishni ham unutib.
— Oyimla oʻzini chaqiring deyaptila. Kelib ketmasangiz boʻlmaydi shekilli, adasi.
— Yoʻg‘-e, shuncha qistalang ishlarim turib-a? — dedim qanday javob soʻrashni xayolimga ham keltira olmay: axir terishga tushadigan narsalarni topshirmay qayoqqa boraman?! — Nimaga ekan oʻzi? — dedim tubiga yeta olmay.

Ayolim bu paytda yalinishga tushgan edi:
— Jon, adasi, baraka topgur, adasi, jindek vaqtizzi ayamang...
— Vey inson, men ishdaman, tushunasizmi?

Birdan u jim boʻlib qoldi. Tushundi desam, miq etib ovoz berib qoʻymaydi.
— Meni ishim — oʻyinchoq, oydinda oyog‘im bilan yozib tashlaydigan narsalar, deb oʻylaysizlar shekilli?— dedim kamiga.
— Voy, adasi, kim shunaqa deyapti? Kim oson tutyapti sizga?
— Oson tutmasangiz tushuninglar-da.
— Yaxshi, — dedi u murosai madoraga koʻchib, — Oyimlaga nima dey? Kelolmasakanla deymi?

U meni nozik joyimdan ushlagan edi. Hamma-hamma bilan men oyimlarning gaplarini ikkita qila olmasdim. Xotinim ham shuni bilib turib soʻramoqda, men past tushishga majbur edim. Qolaversa, ichim g‘urmishlashga boshlagan edi:
— Xoʻp, nimaga chaqiryapsizlar oʻzi? Aytsa boʻladimi?
— Kim bekordan-bekorga chaqiradi, adasi. U tomondan mehmonla kelib oʻtirishibdi, axir.
— Qanaqa-qanaqa? U tomoniz nimasi? — dedim tasavvur etolmay.
— Kennoyizzi yurtlaridan, Yodgormuroddizzi tog‘alari... Soʻrab-soʻrab, topib kelishibdi, axir.
— Qayoqdan-qayoqdan? Hov oʻsha yoqdan-a? Endi-ya? — deb yubordim. Rosti, esim teskari boʻlib ketayozgan edi.
— Ha, adasi. Tangritog‘ deysizlarmi, oʻsha yoqdan kelib, obketamiz deb oʻtirishibdi. Pochchayam shu yerdalar.
— Pochcha? U kishi nima qilib bu ishga aralashib yuribdilar?
— Qoʻyarda-qoʻymay olib kelishibdi.

Xushim boshimdan uchib urishib berdim:
— Esi joyidami oʻsha tog‘alarining?! Qanday opketisharkan? Kim rozi boʻladi ekan?
— Oʻshaning uchun sizni soʻrashyapti-da, adasi.

Rosti, birpas nima deyarimu nima qilarimni bilmay qoldim. Nega endi kelib-kelib men «javoblarini» berishim kerak? Esimni yeb qoʻyibmanmi men bu ishga aralashib? Qolaversa, akamning daragi chiqib, elchilar kelib turganda-ya? Shunaqa paytda javob berib yuborib boʻlarkanmi?! Yoʻq! Ovora boʻladilar.

Men uzil-kesil kesib gapirdim:
— Kennoyimlarga ayting, shuncha oʻtirgan — endiyam qum-toshdek oʻtirib tursinlar. Akamning roziligisiz hech kim hech yoqqa ketolmaydi!
— Voy, adasi, kelib shu gapizzi oʻziz ayting-da.
— Aytaman ham!..

Men ishlarimni tashlab, «uchib-elib» borganimda ular peshayvonda bir ayvon boʻlib oʻtirishar, endigina osh suzib keltirilgan edi. Salom berib, kirib bordim:
— Uni qarang, uni qarang. Hizrni yoʻqlasak boʻlarkan-a. Qaynonang xoʻb suygan ekanmi seni! Kel, jiyan, kel. Qani, omonlashib qoʻyaylik, — deb pochcha oʻtirgan joylaridan quchoq ochib qoʻllarini choʻzdilar. Soʻng oʻzlaridan mushk-anbar islarini taratib bag‘irlariga tortdilar. — Oh-oh, boʻylaringdan sening. Mirzolarning mirzosi boʻb ketganmishsan. Katta dargohlarda izzating oʻzingga yetarluvmish. Tuf-tuf, koʻz tegmasin. Allohim oʻzi bundanam azizu mukarram etsin, boshqalarga ham sening yoʻlingni bersin.

Bunga sari men oʻng‘aysizlanib ketyapman, bag‘irlaridan qanday chiqish, qanday uzilishni bilmayman. Nega bunday alqay ketdilar, bu maqtovlar nega kerak — hech tushuna olmayapman. Balki anavi uzoq yurtdan kelgan qudalar oldida, Yodgorning tog‘lari oldida atay oshirib-toshirayotgandirlar, shundan soʻraysizlar javobni demoqchidirlar. Kechagida kimlarning qoʻllovi, kafilligi bilan zoʻrg‘a oʻz vazifasida ilinib qolgan mendek bir mirzodan kim yasamoqchilar — hech tushunib yetolmayman...

Axiyri mehmonlar bilan birma-bir soʻrashib chiqib, Yodgorning yoniga choʻkdim.

Pochcha duo qilib, oshga qistadilar:
— Qani-qani, mehmonlar, taomni mahtal qilmaylik, mana men boshladim, — deb boshlab berdilar.

Ayollar ichkariga kirib ketishgan, nimagadir serbardan serbar oq shoyi roʻmollarini oʻrab, uchini yelkalaridan oshirib tashlagan kennoyim uchib-qoʻnib xizmat qilib yurar, hali qatiq, hali achchiq-chuchuk olib kirar, piyolalarga choy quyib uzatar-da, yana chiqar edilar. Yodgor esa, umrida endi koʻrayotgan tog‘alaridan koʻz uzolmas, nimalarnidir ijikilab soʻragisi kelar-u, jur’at etolmas, oʻzi ham boʻyi choʻzilib, tovshi rasta boʻla boshlaganidan allaqanday tortinchoq boʻlib qolgan edi. Men esam oshga qistash bahonasida roʻparamda oʻtirgan mehmonlarning (ular ikki kishi edilar, biri soqol-murtiga «qirov inib», sochlari ham chakkasidan oqarib kela boshlagan, ammo yuzlari tog‘ shamollarida qoratoʻri tortgan, baquvvat, ikkinchisi men tengi, ozg‘in, ammo chayir bir yigit edilar) oʻsha ulug‘rog‘iga razm solib-razm solib qararkanman, kennoyimga xeshligining belgilarini izlar edim. Ular kennoyimga oʻxshab kamgap-kamsuqum, tortinchoqdan-tortinchoq edilar. Qolaversa, musofirchilikning issiq-sovug‘ini xoʻb totgan odamlarga oʻxshab, bosiq-vazmin tortib oʻltirishar, oʻn qistaganda laganga bir qoʻl uzatib qoʻyishar edi.
— Hoy, baraka topkurlar, sizlarning sharofatingiz bilan yozilgan bu dasturxon. Olishib oʻtiringlar-da bunday. Necha yilning badalida bir kepqopsizlar,— deb ora-chora qistab qoʻyadilar pochcha ham. — Nima, jiyanni topganinglardan xursand emasmisizlar?!
— Nega, olvutmiz-olvutmiz. Qarab oʻtiruppiz, xursandmuz, — deyishadiyu yana xijolatlarga botib bir-birlariga qarab qoʻyishadi.
— Qarab oʻtirish kam, katta-katta olish kerak bu oshni. Uni oʻz nomi bilan: osh — koʻtarma bosh, deganlar, — deb hammani kuldiradilar pochcha.

Shunday gangur-gungur bilan osh yeb bitirilib, lagan olinar mahal dasturxonga fotiha qilindi. Soʻng hazmi taomga qovun soʻyib kiritishdi. Pochcha uning ham maqtovini keltirdilar:
— Voh-vo-oh, asal tortib ketipti-ku! Bay-bay-bay, qay kungay yerda bitgan ekan? Ekkanga ham balli, tikkanga ham balli.
— Buni shuncha qovunlar ichidan tanlab topganga-chi, shundan shu yoqqa koʻtarib kelganga-chi, pochcha? — deb hazillashdim men.
— Olganga ham balli, sotganga ham balli, — deb kuldirdilar u kishi.

Shundan soʻng poʻchoq toʻla laganni koʻtarib, Yodgor chiqdi ham; pochcha bir chetdagi piyolalarini olib, chert-gancha menga uzatdilar:
— Ana endi Maqsudxoʻjam, choydan bosib-bosib quyasan. Taomil shunday: shirin qovundan keyin issiq-issiq choy, deganlar. Mehmonlarga ham quy, yoʻlga chiqishadi ekan, vaqt-bemahal bezovta etib yurmasin.
— Kelishmasdan qayoqqa borishadi, bugun biznikida qolaverishadi, — dedim men.
— Me’mandarchiluk uchun rahmat. Yeduk-ichduk. Endu bizga juvob berusizlar. Yetub oluvimiz kerak, — de-di soqol-murtiga oq oralab, yoshi bir qoraga borib qolgan mehmon, dam pochchaga, dam menga iltijo-la boqib.

Meni esa vahm bosib kelardi: nima balo, mensiz ham ishni pishitib, bularni rozi qilib qoʻyishibdi ekanmi?! Hamma uvoliyu chuvolini kim boʻyniga opti?..

Bular mendan ijozatsiz qayoqqa borishadi deb oʻtiribman. Ich-ichimdan bir norozilik uyg‘onib kelmoqda edi. Lekin iloji boricha yumshoqlik ila mehmonlarga qaradim:
— Uy egalari — kattalar bor. Ular turganda biz qanday javob bera olamiz, jilla qursa, oldilaridan oʻtaylik?

Yodgorning katta tog‘asi tomoq qirdi:
— Albatta, ular koʻpruk. Ularsiz bitmas. Lekin biz siz kelguncha xoʻb gapirushdik. Ular siza tashlashdu. — U iltijoli boqib oʻtindi. — Sizlara ming rahmat, shuncha yil shuncha zamon qavatungizda olub oʻtirubsiz. Gard yuqturmabsiz. Zoruqtirmabsiz. Lekin har narsaning ham cheki, chegarasu bor. Biz ham Allohning oldida yuzshuvitlikdan qoʻrqarmiz.

Meni esa ich-ichimdan bir olov — norozilik olovi yondirib-kuydirib kelar edi: endimi?! Shuncha yil oʻtibmi? Bungacha qaerda edingiz?

Ammo ularning mehmon degan nomlari bor, uyimizda oʻtirishibdi. Dasturxonimizdan tuz ichib, non totingan joylari bor. Oʻzlariga yarasha gap qilmoq lozim. Oʻzimni bosib, issiq-issiq choy xoʻplashga tushgan edim, qulfi-dilim ham ochila qoldi:
— Albatta, sizlarning bu oʻtiruvingiz, ularni daraklay-daraklay topib keluvingiz — katta gap, Alloh rozi boʻladirgan ish. Har kim ham sarhad oshib, bu ishga jur’at etsin-chi! Dunyo turguncha esdan chiqmaydigan ish qilibsizlar oqibat koʻrsatib, — dedim, ketidan; — Lekin tog‘ajonlar, sizlar ham bizni tushuning, — deb uladim, — Biz kimnidir emas, jondan aziz akajonimizning omonati, ahli ayolini asrab oʻtiribmiz. Bizniyam Allohdan umidimiz bor. Kutib yotibmiz yaxshi bir kunda uning kirib kelishini, — dedim.

Pochcha pishillab betimga qarab qoʻydilar. Aftidan, mening og‘zimdan bunaqa gaplar chiqishini yo kutmaganlar, yo ta’sirlanib hayratga tushib qolgan edilar.
— Qanuydi, qanuydi, — deb qoʻydi mehmonimiz ham. — Ammo umr ketyaptu. Ha-huv deb shuncha yil oʻtub ketiptu. Ana, u kishudan qolgan tirnoq — jiyan ham er yetubdu. Albatta, har narsa Allohdan, Tangrumning xohlashu bilan. Lekin sarhad oʻsha-oʻsha berk, ochiluvidan darak yoʻq. Oʻzumiz ham Olma-ota tarafdin bir amallab oʻtub kelduk.

Men ichim yorishib, u kishiga qaradim:
— Ammo siz bu yoqdagi gaplardan xabar topganingizdami! — Kelib, ovora boʻlib yurmasdingiz, demoqchi boʻldim. Kamiga: — Akam, uning doʻstlari tinch oʻtirishgani yoʻq, — deb qoʻshdim.

Mehmonlar bir-birlariga ma’noli qarab olishgan, pochcha esa, piyoladagi choyni bir xoʻplashda boʻshatib, xontaxtaga bag‘irlarini bergan edilar:
— Subhanalloh! Oʻsha gaplarda jon bor degin hali? — dedilar u kishi.
— Bu taxmin boʻlganda ham u tomondan odam kelgani, meni topib, bularni surishtirib ketgani aniq. Hatto men akamga xat bitib berdim, — dedim chiniga koʻchib.
— Voy, seni, ichdan pishgan huvarini bolasi! Shuncha gaplar oʻtib, miq etib qoʻymadingmi bizga?! Oy seni, voy seni! — Qoʻllarini yoyib, chayqalgancha mutaassirlandilar pochcha.
— Shuginamas, — dedim men qulfi-dilim ochilib.— Olim akam Oltinxon toʻramning oʻg‘illarini topib, kuni kechagina Turkiyaga ketdilar, Yodgorni ham ola ketmoqchi edilar-u, ruxsat qog‘ozlar bitmay qoldi...
— Ana bu — zoʻr ish boʻpti! Oʻshanaqasi Sultonmurodni ham koʻrib keladi, rishtalarni ulab keladi. — Shu holda mehmonlarga yuzlandilar. —Sizlar bularni hazil fahmlamang, hali hammasi yaxshi boʻlib ketadi. Topishib-qovushib, tup qoʻyib, palak yozib ketishadi.

Mehmonlar tinchlari oʻg‘irlanib joylarida oʻtirolmay qolishgan, Yodgorning katta tog‘asi dam u, dam bu qulog‘ini ishqab-uqalab menga termular:
— Shoshumang, mirzo, shu rostmu, kuyavimiznu daragi chiqqanu rostmu, — deb ijikilar, — bu yoqda shuncha gaplar bor ekan-ku, biz ne tashvushlara tushub yurubmiz?! Og‘zuzga bol, og‘zuzga bol, — der edi.

Shu tob eshik qiya ochilib, Yodgorning qorasi koʻzga chalingandek boʻldi. Qarasam, rostdan ham oʻzi — bir qadam chetga tisarilib turibdi. Koʻzim tushishi-la: «Amaqu, bu yoqqa qaravoring», degandek imladi.
— Menmi? — dedim qoʻlimni koʻksimga nuqib.

U bosh silkib shivirladi:
— Siznu soʻrashoptu...

Shu topda (sizga yolg‘on, Xudoga chin!) yuragim shuv etdi: kim soʻraydi, kennoyimmi?.. Boʻshashib tushdim: chindanam nega u kishining oldidan bir og‘iz oʻtmay, bularga javob qilyapmiz? Nima haqqimiz bor? Balki u kishi yurtiga uchib-qoʻnib turgandir? Bir kun ham qolgisi yoʻqdir bu yoqlarda?! Men nimani ham bilardim?!

Shu holda mehmonlardan uzr soʻrab, chiqa boshlarkanman, na u kishidan, na oyimlardan soʻramaganimdan pushmonda edim. Aslini olganda men kimman? Zimmaga olishga nima haqqim bor?! Uyni kattasi boʻlmasam, qozi boʻlmasam? Qolaversa, bu holda shariat nimani buyuradi — biz qaydan bilamiz?!

Chiqa eshikni zichlab berkitdim.
— Kim? Ayanglarmi? — dedim yuragim taka-puka boʻlgancha.

Yodgor tili, chiroyi bilan kennoyimga tortgan boʻlsa ham (Alloh uni chiroydan qismay, qiz bola boʻlib tug‘ilishiga bir bahya qolgan edi!), ziyraklikda akamdan qolishmas edi. U qulog‘izni bering, degan kabi yelkamga yopishib kelib, shipshidi:
— Ayam... hujramizga berkinib olub oʻtiribdular. Yig‘layverub shishub ketubdilar.

Men shoshib qoldim:
— Chop, — deb qistadim unga, — borib ayt, oʻzlari nima desalar shu. Biz u kishini nomidan hal qilolmaymiz. Ixtiyor oʻzlarida. Shunday ekan de!

Yodgor xijolatlanib tisarildi.
— Yoʻq, amaqu, men buning uchun chaqurmadum. Eshikka xatchu keptu. Sizzi soʻroptu.
— Nima? — dedim hayron qolib.
— Qoʻl qoʻyub oladurgan narsamush.

Men kennoyimning holidan ado boʻlgan edim, qoʻl qoʻyib olinadigan narsani eshitib, xushim uchdi:
— Shu tobda shu kam edi! — deb hovliga tushaverdim.

Zinadan tushib, darvozaxonaga chiqib borsam, qalam haqi olib kelib yuradigan xat tashuvchi. Men kim ekan, nima ekan, deb yuribman!
— Keling, opoy.

Oqsariqdan kelgan yumshoqzabon tatar xotin kumushbandli koʻzoynagini taqib, allaqanday uzun xat-g‘ilofni aylantirib, orqa-oldini koʻrmoqda edi. Meni koʻrib, shoshib qoldi:
— Iy, avara ettum. Buni kuring, Siza kichirasiz, imasmi?

Uzun ham chiroyli, xuddi kecha bosmaxonadan chiqqandek oq-oppoq xatg‘ilofning bezalishidan tortib, ramzlarigacha bir boʻlakcha edi. Ramzki, bir chekkasida hilol, bir chekkasida allaqanday hashamatli bino qubbasi koʻrinadi. Chiziqlariyu bosma harflari — bir nazokatli. Qaysi imloda ekan, oʻqolmadim.
— Qaerdan bildiz?— dedim opoyning sariqmayiz-dek tiniq yuziga qarab.

Opoy koʻzoynagini qoʻliga olib, jilmaydi:
— Bulay xatlar bulak kimga-da kilar, jubargan igalarina qarang.

Shundagina ustiga qarab, xushim boshimdan uchdi. U chindan mening nomimgayu faqat manzil sanog‘ida adashgan edi.
— Uni qarang-a, menga ekan, — dedim dovdiran¬qirab, — Yaxshi olib kelibsiz, qaerlarda qolib ketardi, rahmat.
— Yuq, bu zakaznuy... Halu qoʻl quyup birasiz.
— E, shunaqami? — deb bir qog‘ozga qoʻl ham qoʻyib berdim. Lekin xayolim xatga qochib, uning orqa-oldini oʻgirib koʻrardim-u, kimdanligini bilolmay sarang edim. Qarangki, undan birorta tanish nom yo belgi topolmasdim. Kimdan boʻlishi mumkin?

Opoy xayrlashib ham ketdi, lekin biz g‘aroyib xatg‘ilofning orqa-oʻngini tomosha qilishdan oʻzimizni tiya olmasdik.
— Qattun ekan, amaqu?
— Bilolmadim, — dedim rostiga koʻchib. — Ma, sen koʻr-chi, balki sening tishing oʻtar harflariga.

U koʻrib turib, bir dikonglab qoʻydi:
— Ie, amaqu, Turkiyadan-ku. Katta amaqum, Olim amaqumdan emasmu?
— Qaerdan bila qolding? — deb xatni uning qoʻlidan tortib oldim. Bu gapdan oʻzim ham bir hapriqib tushgan edim.
— Ana, Toʻpqopu. Oʻshaning ramzu. U Turkiyadan boʻlak qaerda ekan?
— Aqling balo! — dedim uni quchib ham suyub, keyin yelkasiga qoqib, — Shuniki bilibsan, tuf-tuf koʻz tegmasin, bizdanam uzoqqa borasan, — dedim sidqidil. Negadir men uni shu tobda akamga mengzab yuborgan edim. Shundanmi, koʻzlarimga jindek yosh ham kela qoldi, buni yashirgan kishi boʻlib, kuraklarini siladim. — Sen haqsan, Olim akamdan boʻlak kim ham bizga u yoqdan yozardi.

Oʻzim esa, xatni ocharimni ham, ochmasimni ham bilmayman. Ochay desam, u yoqda pochcha, mehmonlar oʻtirishibdi. Ochmay desam, ichim g‘urmishlab yotipti: «U yetib bordimikan, akamni koʻrdimikan? Koʻrgan boʻlsa, qachon qaytadi ekan?» Bilgim keladiki, nar-yog‘i yoʻq.

Balki opkirib, mehmonlarga koʻrsatish kerakdir? Suyunchi olish kerakdir?! Ularga bundan ortiq yana qanday xabar kerak?!

Shu tobda kallam oʻqdek ishlab keta qolgan edi:
— Sen kir-da, ayangdan, oyimlardan suyunchi ol! Men mehmonlarga aytay, — deb Yodgorning kiftiga qoqdim. — Olim akam bekorga xat bitadiganlardan emas! Adangni topganki, yozgan. Chop! — dedim karomatgoʻyligim tutib.

Oʻzim esa, shunday ekaniga zarracha shubha qilmasdim.

Qiyomatga qolmagan diydor yoxud Alloh rozi boʻladirgan bir ziyorat

Maqsud, mening jondan aziz xolavachcham, ona oʻrnida onalik qilib, boshimizni silagan bir kishining yolg‘iz chirog‘iyu ishongan bog‘i. Yolg‘iz sen mening hozirgi holimni tushunishing mumkin, anglashing mumkin. Shu bois oʻzingga yorilgim keldi, toʻkilgim keldi. Yolg‘iz sengina buni tushunasan. Boshqalar mingdan birini anglamasliklari, tasavvur eta olmasliklari mumkin.

Shuning uchun qaytib borgunimizga qadar sabrim chidamadi. Qolavursa, biz bu yerda jindek ushlanib turadiganga oʻxshaymiz. Bu diydorlashuvni tashkil etib, uyushtirgan turkiyalik birodarlarimiz — diyo-nat ishlari vaqfining xodimlari har ikki tomon uchun aziz kishilarning bir-birlariga toʻyib olmoqlari uchun bu diyorda yana biron hafta turib qoluvimizga imkon bermoqdalar. Bunaqa mehmondoʻstlikni, ota yurtdan kelib qolishibdi, deb azizlashlarini, boshga koʻtargudek boʻlishlarini men shuncha dunyo kezib, hech yerda koʻrgan emasman.

Bular hammasi balki Oltinxon toʻram sharofatlari tufaylidandir. U kishini bu taraflarda pir darajasida koʻrib, azizlashar ekan. Qaraki, din Arabistonning qaqroq yerlariga tushibdiyu u bizning diyorlarda ushlanib qolgan ekan: oʻz diyoriga sig‘magan Oltinxon toʻramdek bir mudarris bu diyorlarda shunchalar izzat-ikrom topib pir darajasiga yetibdilar. Aql bovar qilmaydi. Lekin biz, Maqsud, chin haqiqatni koʻrib turardik. Chindan barcha izzat-ikrom Alloh huzurida ekanki, uning yoʻlini mahkam ushlagan darbadar bir vatanjudo qulini oʻzining diyoridan yaxshi bir diyor bilan taqdirlab, ilgarigi izzatidan baland izzatlar bilan mukarram etibdi. Yuzlaridan nur yog‘ilgan u kishini koʻrib, rostini aytsam, Maqsud, koʻksim toʻlib, bag‘rim uzilib-uzilib yig‘lagilarim keldi. Nahot shunday odamlar bizning diyorlarga sig‘masa?!.

Uzr, Maqsud, muddaodan jindek ilgarilab ketdim.

Men senga avvalo, Turkiyaning Odana shahriga qanday yetib kelganimiz, bu yerdagi diyonat ishlari vaqfi xodimlari bizni qanday kutib olib, Saudiyadan yetib kelib, sabrsizlik ila kutib yotgan Toʻramdek azizlarimiz bilan qanday uchrashtirib-koʻrishtirganlarini yozmog‘im kerak edi. Oʻshanda barcha-barchasi tushunarli boʻlardi, oydinroq tasavvur etarding. Rostini aytsam, dunyo dunyo boʻlib, bunaqasini koʻrmagandir.

Qolaversa, Maqsud, qiyomatda amallar taroziga qoʻyiladirgan pallada tosh bosadigan yolg‘iz amalim shu boʻlsa kerak. Esingda boʻlsa, bu — hov anavi Umarjon akaning tepasi yonida, hamma koʻchib-koʻchib ketib, yolg‘iz oʻzi qolgan, buzilayotgan uylardan nodir kitoblarni terib kelib, bir boloxona kitob yig‘ib qoʻygan Sutchining ishiga oʻxshab ketyapti. U ham umrida yolg‘iz bitta tosh bosadigan ish qilgan — otamizni surgun yeridan bemalol toat-ibodat qilish mumkin boʻlgan bir diyorga oʻtkazib qoʻygan edi. Men u darajada jon hovuchlamagan boʻlsam-da, bu ishga savob umidida bosh qoʻshganimdan oʻzim terimga sikmay ketayotirman. Zora Alloh shu niyatimni oʻsha kunda hisobiga olsa! Niyat ota bilan oʻg‘ilni topishtirish edi, topishtirdik, Maqsud.

Bunaqasi kam boʻladi. Barcha tingchilaru «quloq»larni dog‘da qoldirib, bunaqa uchrashuvni tashkil etish hammaning ham qoʻlidan kelsin-chi! Kelmaydi. Kelishi uchun Alloh iroda etib, panohida saqlamog‘i kerak.

Shunday qilib desang, mezbonlarimiz borgan kunimizning ertasiga:
— Uzr, ota yurtdan kelmish azizlar, bu kun sizni bahavoroq otelga koʻchirgaymiz. Ma’zur tutgaysizlar bir yoʻla olib bormaganimizga,— deb qolishdi.

Bordik.

Ular oldida Ovruposi ip esholmay qopti.

Shunaqa orasta, shunaqa osudaki, Maqsud, biz kamida bir asr orqada qolib ketgandekmiz. Bunaqa sharoitli imoratlar qurishimiz uchun diyor oʻzimizga qolishi, biz dunyoga chiqishimiz, dunyoda tenglar ichida teng sanalishimiz kerak. Ungacha birov qayg‘urmaydi bizga.

Xonalarga joylashib, yuvinib-taranib boʻlib edik hamki, bir piyola choyga deya qush sutidan boʻlak hamma narsa muhayyo etilgan stol yoniga nonushtaga taklif etishdi.

Men-ku bunaqasini koʻp koʻrganman. Ammo esini tanib qishlog‘idan narini koʻrmagan, daladan beri kelmagan hamrohim dovdirar, hech qovusha olmas edi. Bizda bir piyola choyni ham iloji boʻlsa, oʻtirib-xotirjam ichadilar. Bu yerda koʻngil tortgan narsani oʻzi olib yeyish, yeganda ham tik turib tanovul qilish kerak edi.

Oʻttizdan endi oshib-oshmagan hamrohim — Toʻram diyordan hijrat etganlarida onasining qornida qolgan farzandlari bu taomillarga koʻnikolmay, og‘ziga ushoq solishdan ham tortinib turar, boya aytganimdek, hech qovusholmas, oʻzining bu holidan xijolatlarga tushib borar edi. Shuncha qistashimga qaramay, u choy ichmadi, choy uni ichdiyov.

Shu orada mezbonlardan biri kelib, hamrohimga sezdirmay, qulog‘imga shivirlay ketdi:
— Endi ul zotning ziyoratlariga kirgaymiz, tayyormisizlar?

Men dabdurustdan anglamabman. Hovliqib qolib:
— Kimning huzuriga? — dedim.
— Pir toʻramni. U kishi sizlarni intizor-intizor kutadirlar, — dedi u.

Shundagina oʻzimga kelgan edim:
— Unday boʻlsa, mozorbosdi sovg‘a-salomlarimizni olvolaylik.
— Yaxshi-yaxshi, ola kelishamiz, — deb bizga ergashdilar.

Yoʻlakay hamrohimga shipshidim.
— Vatandan esdalik deb bervorishgan narsalarni olvolar ekanmiz.

U kelayotgan yerida bir choʻchib tushdi. Hatto toʻxtab qoldi, desam toʻg‘riroq boʻlar.
— Nima, ular shetta ekanlarmi? — dedi hayratga tushib. Uchrashuv joyi shu deb kutmagan ekan, dovdirab qolgan edi.
— Ziyoratlariga chaqirishayapti, bardam boʻlavering. U kishi sizning padari buzrukvoringiz boʻladilar, — dedim yelkasiga qoqib.
— Siz... siz ilgaridan bilasizmi? — dedi u yuzlarimga termulib. Nega ilgariroq aytmadingiz demoqchi boʻlar edi u.

Men uni suyib, sekin bag‘rimga tortib qoʻydim:
— Yoʻq, og‘ayni, — dedim yana ham yaqin olib, — dovruqlarini koʻp eshitganmiz, — orqasidan qoʻshib qoʻydim. — U kishining ziyoratlariga yetolmaganlar qancha, oshiqqanlar qancha. Ammo bugun u kishi sizni intizor-intizor kutadirlar. Axir tug‘ilganingizdan beri koʻrmaganlar, toʻg‘rimi? — Qarab tursam, bu gaplardan uning koʻzlari yoshlanib-yiltirab bor-yapti. Yelkasidan quchib xonaga boshlay qoldim. — Yuring, yuraqoling, unday zotlarni mahtal qilmoq mumkin emas.

Mozorbostiga Arslonbobning asaliyu Quvaning anoridan, yana «churukchopon» deb atalmish qovunlar olvolgandik. Toʻnu sarupolarimiz bor edi. Barchasini koʻtarib, bizni dahliz atalmish, lekin xonning salomxonasidan qolishmaydigan bir xonaga olib kirdilar. Sovg‘alarimizni qoʻyib, yuraklarimiz potragancha kutib turibmiz, ichkariga xabar qilgani kirib ketgan diyonat ishlari vaqfining xodimi esa qaytib chiqa qolmaydi.

Dunyoda yana shunday orziqib kutilgan bir boshqa ziyorat boʻlganini eslay olmayman, Maqsud. Ammo biz qay birimiz oldin, qay birimiz keyin kirarkanmiz deb, ichimiz tushib turarkanmiz, haligi turk birodarimiz ostonada koʻrinib, imlab chaqirdi:
— Afandim, siz kiring, harna hazratim hovrdan tushsalar. Dilbandlarini toʻsindan roʻbaroʻ etmayluk, — dedi u shivirlab.

Men esam ul zotning huzurlariga qanday mujda bilan kelganimni bilsam-da, qanday sarupo yoxud diyordan esdalik koʻtarib kirarimni bilmasdim. Shoshib qolganimdan qoʻlimga ilingan narsani olvolibman.

Tanishtirguvchi turk birodarimiz xuddi xonning xudaychisidek eshikdan oʻtiboq, ta’zimga egildi:
— Hazratim, diyordan mujdalar ila kishi kelmish. Muftiy janoblari ham Toʻram taqsirning elchilari kirishga izn soʻrarlar...

Va men qoʻlimda bir shisha bol ila kirib bordimu xona oʻrtasiga ham yetmay toʻxtab qoldim. Ajab sinoat. Taxt misoli ishlangan (balki menga shunday koʻringandir) yumshoq divanda loʻla bolishu par yostiqlar ichiga koʻmilgancha Hizrdek nuroniy bir qa-riya — uzun yuz, choʻqqi soqolli moʻysafid yonlariga engashgan kishining tushuntirishlariga some bir holda oʻltirar, yuzlaridan yog‘ilayotgan nur oʻsha chiroyli kuzalgan oppoq choʻqqi soqollaridan chiqarmi va yo boshlaridagi simobiy oppoq salladan taralarmi, ajratib boʻlmas edi. Kishi chehrasidan shunchalar tiniq, shunchalar oydin nur yog‘ilishiga — aql bovar qilmas edi.

Ul zot yonlaridagi kishining tushuntirishi bilan qoʻllaridagi hassaga tayanib tura boshladilar ham, men oʻzim sezmagan holda oshiqib borib, tiz bukmoqqa va barlarini oʻpmoqqa intildim. Salom berganim ham esimda.

Ul zot chiroyli alik olib (hozir ham quloqlarim ostida turibdi u kalom: va alaykum assalomu va rahmatullohi va barakotuhi va solavatullohi alayh. Yanglishmasam shunday edi), oʻzlari chap qoʻllari bilan qoʻltig‘imdan olib, turmoqqa ishora etardilar. Qoʻllari biram yumshoq, biram haroratli, uzmasalar derdim. Oxirgi marta Tangritog‘da shunday qoʻl, shunday kaftga yoʻliqqan edim. U ham boʻlsa, yoʻqotib topganimiz eshon dadamizniki edi. Mana hozir shunga oʻxshab, qarshimda goʻyo rahmatli dadamiz turgandek edilar.
— Turing, oʻg‘lon, yukunmoq nechun, biz ham banda. Boʻylaringizdan oʻrgilay, sizdan yurt boʻylari ufuradir. Ruxsat eting, bag‘rimga bosib toʻyay, oʻshal boʻylara.

Men qoʻlimdagi asaldonni hamsoyalarigami, kimga tutqizib ulgurib, oʻzimni ul zotning ixtiyorlariga topshirdimu allaqanday yumshoq ham yoqimli bag‘irga singib bora boshladim. Faqat odam oʻzini xirmonda, oftob nurlarini emib yotgan momiq paxtalar ichiga tashlabgina, yo boʻlmasa, onaizor bag‘riga yopishibgina shunday hislarni tuymog‘i, osmonlarda pardek uchib yurmog‘i mumkin edi, Maqsud.

Men shu holda edim. U kishi, ul zot esa boʻynilarimdan iskalanib, Allohga hamdlar aytardilar:
— Allohim, oʻzingga beadad shukrlar boʻlsin. Oʻzing yaratgan olamlar qadar hamdu sanolar boʻlsin, meni bu boʻylara yetkarding, vatanim islarini ola kelgan oʻg‘longa yetkarding, Oʻzingga sanolar boʻlsin. Bu tan, bu jon Oʻzingga fidolar boʻlsin. Yetmasam nima qilardim?! Koʻzlarim ochiq ketarmi deb saharlarda Oʻzingga yig‘lardim, mana, yetkarding, ijobat etding Oʻzing,— deb boʻzlardilar, boʻzlab turib, tasanno aytardilar Xudovandi karimga.

Men esam u kishining bag‘irlarida bir yoqdan erib bormoqdaman, bir yoqdan esa, ajab tashvish bosib kelmoqda. Qarichilik — meni kim deb oʻyladilar, dilbandlari deb bildilarmi — hoy, xudaychi, qaydasiz, degim keladiyu qani uni izhor etarga til aylansa. Yaxshiyam talvasaga tushib ulgurmadim.

Ul zot birdan ikki kiftimdan tutib, yuzlarimga boqqancha qoldilaru oʻzlariga kelib, soʻrab istashga tushdilar:
— Soʻzlang, oʻg‘lon, bizga qanday salomlar, mujdalar keltirdiz? Ahllarimiz, dilbandlarimizdan ne xabarlar bor?

Hayriyat, adashuvdan qutulgan edim, oʻzimni bir yengil his etdimki, bu turuvimizdan faqat farog‘at tuymoqda edim. Endi Alloh izni ila til ham bita qolgan edi.
— Avvalo, muftiy janoblari bilan Toʻram taqsir haqingizga duoda boʻlib, koʻpdan-koʻp salomlar yoʻllab qolishdi, — dedim.
— Shundaymu? Alloh umrlarini ziyoda etsun. Raiyatning toleiga, vatanni toleiga ul zotlarni salomat etsun. Faqat faromushlik qursin, Toʻram taqsirni tuzukroq tanitsangiz?..
— Tangritog‘dan qaytmish Hoziq toʻram... ona tomondan oʻzlariga tomir ekanlar, — deya oldim men yana qanday tushuntirarimni bilmay.
— Hay-hay-hay, ul zotmu? Oʻshal diyorda dorilomon bir yurt qurmoq boʻlgan Toʻrammu? Niyatlariga yetdim deganda, yana ajdaho komiga tushgan marshalimizmi? Yurti sarbonidan ayrilib boʻzlab qolgan, tengi yoʻq mujohidimizdanmu? Alloh salomat etsun, taskin-tasallular bersun Oʻzi ul zotga. Qaytib chiqqaymikan yana ulardek bir zot?! Holimizni Oʻzi oʻnglasin, ilohum!

Gap vatan ozodligiga borib taqalsa, ul zotni toʻxtatib boʻlmas, bir xoʻrlikmi, nima bosib kelib, qaltirab qoladilar ekan. Hozir ham, sezib-koʻrib turardim, ul zotning ovozlari titrab, oʻzlari bir holga tushib borayotib edilar. Hamsoyalari shoshib-la qolishdi. Tirsaklaridan tutib, qoʻltiqlariga kirmoqqa urinar, joylariga oʻtkazmoqqami, nimaningdir harakatiga tushib qolgan edilar.

Men esam nima qilarimni-da bilmay, xijolatlarga tushib borar edim. Haytovur, u kishi oʻtirgan joylarida xirqalarining yeng uchini mijjalariga bosa-bosa, jindek xotirjamlanib, yana betimga savolomuz qaradilar. Ovozlari ham boyagindan hiyla qotgan edi:
— Ul zotlarning soʻzlarini yerga tashlamay kelgan sizga-da Allohimning cheksiz marhamatlari boʻlsun. Koʻp mutaassir etdingiz. Ayting, oʻg‘lon, yana nelar keltirdingiz kamina huzuriga? Faqat yaxshilikdan, ezgulikdan soʻzlang biz vatanjudo bechoralarga.

Esim qursin, u kishi nima soʻrardilar-u, mening esimga nima tushib, tilimga nima kelibdi!
— Taqsir, vatanni, uning boʻylarini eslatsin deb sizga Arslonbob asalidan keltiruvdik, — deb boyagi asaldonni ola tiz bukancha qoʻshqoʻllab tutdim.
— Voh, shundaymu?! Qanday goʻzal ish boʻptu! Oh, Vatan boʻylaridan oʻzim oʻrgilsam! — deb u kishi asaldonni qoʻllariga oldilar-da, ochib boʻylagancha turib qoldilar.

Qarasam, ich-ichidan ilohiy bir nur balqigan oʻshal yuz-koʻzlarda g‘alati bir jimirlov paydo boʻlib, mijjalarida shudringdek ikki tomchi yosh koʻrindiyu hech qancha ilinib turolmay dumalab tushib, oʻshal oppoq choʻqqi soqollariga singib keta qoldi. Mendan boʻlak birov koʻrib-koʻrmayin ham qoldi.

Oh, Vatan boʻylari shundoq ham aziz narsa ekanmi?! Ichimda bir narsa uzilib tushdimi deb oʻyladim, Maqsud! Koʻzlarim tinib-la ketdi.

Koʻz ochganimda ul zot bolga botirilgan oʻrta barmoqlarini angishvonadekkina og‘izlariga olib bormoqda edilar. Xonani esa, bol hidi tutib ketgan edi.
— Oh! Bol, degancha borsan oʻzing. Dunyoning yana qay bir chekkasinda bundayin asal? Yolg‘iz jannatda topilsa mumkin, — dedilar ul zot. Keyin asaldonni hamsoyalariga tutdilar, — Oling sizlar ham, Vatandan bol kelibdir. Bolga qoʻshib,— ul zot yana menga oʻgirildilar, — yana nimalar keltirmishsiz?
— Ruxsat eting, ola kirsam, — dedim men oʻrnimdan dik turib.
— Shoshmangiz, — deb imo berdilar ul zot, — Siz bir boshdan ayting, ular opkirgaylar.

Men valakisalang, bul zotga manzur boʻlarli, yana bir narsadan boshlashni istardimu qaysinisidan boshlashni bilmasdim.
— Aytovuring, bizga u diyorning azizmas narsasining oʻzi yoʻqdir?
— Eng aziz narsalardan... ya’nikim, Marg‘ilon behisi, — dedim hamon oʻzimga kelolmay.

Olib kirdilar, sarig‘ oltindek sarg‘argan, piyoladek-piyoladek behilar shodasini.

Ul zot oʻtirgan joylarida nurga botib jilmaydilar:
— Sallamno boʻlsin, Allohgakim, faqat bizning diyorlarda oʻstirib-bitdirib qoʻymish bunday ne’matlarini. Yana, — dedilar u kishi, — bundanam boʻydorroq, xushboʻyroq nima keltirmishsiz?
— Diyorning mashhurizamon «churukchopon»i...

Olib kirdilar sariq-koʻkish olovdek tovlantirib, oʻtdan toʻqilgan jildbog‘ida osiltirib.
— Sallamno, sallamno. Nomiga-da, kishtikoriga-da, yetishtirgan egalariga-da. Qabul-qabul, — deb turib, yana boyagidek intiqlik-la soʻradilar. — Yana-chi, yana?! Yana bizning boshimizni qanday koʻkka yetkurmakchisiz?

Shunda Maqsud, vujudimga uyat olovi yugurib, yuzlariga zoʻrg‘a boqdimu:
— Ma’zur tutgaysiz, biz faromushxotirlar- ni, — dedim oʻzimda jur’at topib, — Boldan totluv, har narsadan aziz dilbandingiz turib, biz nimalarni kiritib oʻltiribmiz?! Ul taqsirlar siz uchun bu olamda har nedan aziz oilangiz, ahli ayolingiz, tomirlaringiz daragini topib, dilbandingizni yubormishlar.

Qarab tursam, ul zot eshik tomon allaqanday intiqib ham javdirab tikilib qolibdilar. Intizorlik shunchaki, ul dilbandning qorasi koʻrinsayu oʻrnilaridan turib keta qolsalar. Qanot chiqarib uchishga-da tayyorlar. Axir kim uchun shuncha yoʻl bosib kelibdirlar?!
— Voh! Laysa kamislihi shay!1 Chindan Oʻzing xuva ‘ala kulli shayin qodirsan! — deb turib ketdilar bir mahal. — Diyorda bizning shunday qarchig‘aydek oʻg‘limiz bor ekan-ku! Shularning muhabbatini koʻnglimga solib qoʻyib, firoqida yondirayapti edimi Oʻzi?!.

Oʻgirilib qarasam, safardosh hamsoyam dovdir-sov-dir kirib kelyapti. Padaribuzrukvori huzuriga yoʻllab yuborishgani esidami-yoʻqmi, xushi boshidan uchib, bu devonxonaga yig‘ilganlarga bir-bir termulib ilgarilab kelarkan, hassalarini bilaklariga solib, quchoq ochgancha peshvoz chiqayotgan zotga koʻzi tushib, xushyor tortdiyu farzandlik mehri joʻshib, shu tomon intildi.
— Dada!..

Shu bir og‘iz soʻzdan butun devonxona, unda hozir boʻlganlar larzaga kelib, boʻg‘izlariga qaynoq bir nima tiqilgancha turarkanlar, koʻzlariga tirqirab yosh chiqqan edi.

Ayriliqning arimog‘i ana shunday boʻladi ekan, Maqsud!

Firoqning soʻnggi lahzasida kishi shu hol, shu alpozga tushadir ekan, Maqsud!

Alloh suygan bandalarini ana shunday ayriliq-judoliklar bilan sinaydi ekan, imtihonidan oʻtkazib, oʻziga yaqin qiladi ekan, Maqsud!

Men Allohning hamma balo-sinovlariga dosh berib, chidab, oʻziga shukr qilib kelgan bir insonni — piri komilni koʻrib turardim, Maqsud! Ul zot shu pallada oʻsha sabrlari evaziga ham Allohning yana bir in’omiga musharraf boʻlib turar, oʻttiz yil burun ona qornida qolgan dilbandlari bu kun qarchig‘aydek yigit yetib, er yetib, ota bag‘rida iskalanar edi.

Bu olamda mavjud oʻt-oʻlanlar, dov-daraxtlar barglari adadi qadar hamdu sanolar boʻlsin Yaratganga! Bu ziyoratga guvoh boʻlib turgan kishi borki, barchamizning koʻzlarimiz namlik, yuraklarimiz titrar edi. Vaholanki, bu qiyomatga qolmagan diydor yoshlari edi, Maqsud!

Shu tob oʻzimda yoʻq darajada mutaassirlanib, atrofga alanglarkanman, Maqsud, kimni koʻrib qoldim degin?! Qibla tomondagi eshikdan ikki-uch nafar odam kirib kelib turib qolishgan, ular orasi-da — kim deb oʻylaysan, Maqsud, osmondan tushgandek Sultonmurod akam paydo boʻlib, mendan koʻz uzolmay qolgan edi. Yo qodir Alloh! Qanchalar chevarsan Oʻzing! Qay amalimiz xush kelib, bu kunga musharraf etding?! Biz jigargoʻshalarni ham topishtirmoqni shu kunga, shu soatga iroda etganmiding?! Oʻzingga bu dunyoda olgan, oladigan nafaslarimiz adadi qadar hamdu sanolar boʻlsin!
— Aka!!.

Yuragim yorilib ketmaganiga hayronman, Maqsud!

Ovozimdan devonxona oynalari jangillab ketgan, hamma — biz tomon oʻgirilgan edi. Biz ikki jabrdiyda — tirik turib yoʻli ayro tushganlar bir-birimiz tomon yugura ketgandik.

Alloh barcha vatanjudolarga-da ana shunday diydor kunini ravo koʻrib, topishmoqni nasib etsin, ilohim.

Albatta, Oltinxon toʻramga-da, akamga-da atab olib borgan sovg‘a-salomlarimizni berib, toʻnlarimizni kiydirib quchoqlashgancha toza yig‘lab-siqtashdik. Diyorni eslab, qavm-qarindoshlarni soʻrab-istashib, ey yozilishdik. Dunyoda bizdan baxtiyor, Alloh mukarram etgan kimsa yoʻq edi.

Men bu tashrifni issig‘ida, ichimga sig‘dirolmay, senga ilinib yozdim. Koʻpam iching tushmasin, borgunimcha shular yetar.

Darvoqe, akamdan sizlarga mujda! Jondan aziz xolamlarga, Yodgorga, ayasiga aytib qoʻyishing mumkin. Oʻshal qora-qura zanji kinochilarga qoʻshilib borgan gung tasvirchi — oʻzi ekan! Jur’atiga balli, oʻsha yerga borib, oʻzinikilarni koʻribam miq etmay qaytibdi! Tanitmabdi! Mendek odam chidolmasdim, Maqsud!

Yana: akamning Yodgorga, uning onasiga, sizlarga atalgan mujdalari bor. Uni bu xatga qoʻshmadim. Koʻz qorachoʻg‘idek asrab oʻzim bilan olib borgayman. Bizdan barcha soʻraganlarga duoi salomlarimizni yetkazib qoʻygaysan.

Xolamlarga, pochchaga ayt, namozlarida duolar-la soʻrab tursinlar, toki ilohim, bizni siz azizlarning bag‘ringizga eson-omon qaytarsin. Bu ulangan rishtalarni esa bir umrli qilsin. Omin.

Koʻrishguncha xayr deb,

Olim akang.

Turk diyori, Odana shahri».

Osmondan tushgan marvarid yohud omonat egasi

Uni qarang-a! Ana kuzu mana kuz!..

Men ishga otlanayotib edim, tashqariga koʻzim tushib, beixtiyor deraza tavaqalarini ochib yuboribman!

Yoʻq, adashmagan edim. Koʻchadagi oʻrigimiz usiz ham kuzgi kelinlik libosini kiyib ulgurgan, kungay barg-lari yal-yal tovlanib, tonggi shabadada bir chiroyli parpirar edilar. Goʻyo bu kecha son-ming sarg‘ish kapalaklar yopirilib kelib, shu oʻrigimizga qoʻna qolishganu mana endi kun yuz koʻrsatishi bilan jon bitib, nozik-ado qanotlarini yumib-yoygancha oʻzlarini oftobga solishar edi.

Keyin ishga joʻnab ketib, uni tamomi unutgan edim. Kechga yaqin qaytsam... voh, oʻsha jonivor «kapalaklar»!.. Hammasi yer bilan bitta — gilam boʻlib yotibdi! Ana sizga kuzu mana kuz!..

Yalt etib tepamga qarasam, valloh-valloh, qolgani ham bir olam — hech kamaymagandek edi! Qaytaga qir uchlari qizarib oʻrik jonivor botayotgan oftob nurida boshiga zarroʻmol tashlagan juvongami, kimga oʻxshab qolibdi.

Subhanalloh! Yolg‘iz Xudovandi karimning ishimasmi bu? Mana shuni aytadilar-da, xohlasa, yashnatadi, xohlasa, yer bilan bitta etadi deb!..

Bittalab terib olib, oʻpgudek nozik-ado barglar gilamini aylanib oʻtayotib, toʻxtab qoldim. Qoʻshni qizmi, kimdir oʻsha yer bilan bitta suqsurdek barglarni bir chekkadan supira boshlabdiyu yana nimani oʻylab, supurgisini tashlab ketgan edi...

Turib-turib ichariga yuraverdim. Ammo hamisha yuziga yopiq turadigan eshigimiz nimagadir bugun ichkaridan berk edi. Tavba, uydagilar qayoqqa ketishibdi?

Eshikning kishi bilmas siri bor edi: tepa panjaradan qoʻl suqib, darvozaxona fanerining gul-taxtasi sal koʻtarilsayoq, u oʻz-oʻzidan ochilib ketar edi. Chaqirib oʻtirmasa ham boʻlaverardi. Men ham oʻshanday qilib, ochib kirib boraversam... qay koʻz bilan koʻrayki, pastki ayvon ostonasida birov — nega birov boʻlsin! — kennoyim yuzlarini bilaklariga bosgancha xun-xun yig‘lab oʻtiribdilar. Tizzalarida bir narsa oqarishib koʻrinadi.

Ichim shig‘-g‘ etdi: xatmi?!

Shungamikan, berkinib olib, koʻz yoshlariga erk berganlari?.. Qaydan kela qolibdi u bir parcha xat?

Men qaytib chiqib ketarimni ham, kirib boraverishimni ham bilmasdim. Qaerdan ham bemahal kirib qolibman?!.
— Voy, Maqsudxoʻja, sizmu?

U kishi yonoqlarini apil-tapil artgancha oʻrnilaridan qoʻzg‘olar ekanlar, tizzalaridagi haligi narsa — ikkiga ajrab, biri sirg‘alib, biri oq ukpardek uchib tusha boshladiyu kennoyim shoshib qoldilar.

Keyin bir harakat bilan ikkoviniyam tutib olib, yenglariga yashirmoqqa urinar ekanlar, men bir narsalarni anglagandek boʻlar edim. Nazarimda u kimdandir kelgan mujdaxatmi, nimadir ediyu kennoyim uni yeru koʻkka ishonmay yashiradir edilar...

Yig‘latgani uchun yashiradirlarmi, uyalganlaridanmi, ajrata olmas edim.

Qolaversa, u boyaqishginani bunchalar yig‘latgan narsa kimdan ekanu nima haqda ekan?

Faqat boyagi oʻtirnishlari — yuzlarini bilaklariga bosgancha xun-xun yig‘lashlari... hech koʻz oldimdan ketmasdi.
— Nima boʻldi, nima boʻla qoldi, kennoyijon?!— deb yugurgilab borayotgan joyimda u kishi menga bir olam xijolat ustiga... shunday suyunch, shunday iltijo bilan boqdilarki, toʻxtab qolayozdim. Uni qarang-a! Hali bular hammasi sevinch yoshlari ekanmi, odam suyunchdan ham oʻzini shunchalar yoʻqotib qoʻymog‘i, xun-xun yig‘lamog‘i mumkin ekanmi?!.

U qanday xat xabar ediki, odamni bunday yig‘latsa? Men qolib, endi u kishining oʻzlari talpinib kela boshlagan edilar.
— Oh, bilsangiz edu, Maqsudxoʻja, kimdan qandayun xabarlar yetganun?! U kishining oʻzlaru nimu ishlar qilub ketganlarun?!. — deya ona oqqushdek talpinib kelib, ikki kiftimdan tutgancha yelkamga yopishib olsalar, esxonam chiqayozipti.
— Kim-kim, akammi, oʻzlarini aytasizmi? Yana-mi? — derdimu oxirigacha anglab yetolmasdim.

U kishi, u mushfiqqa boʻlsa, oʻksilarini tutolmay, toʻliqib toʻliqib yig‘lar, kamiga yelkamga osilib, qaynoq koʻzyoshlari bilan kiftimni xoʻl etib borar, ora-orada til-zabon bitib:
— Oh, Maqsudxoʻja, oʻzlaru ekanlar-a! Bir og‘uz sezdirub qoʻymabdular-a... Menman demabdular-a, — derdilaru yig‘idan chiqolmasdilar.

Men esam oxirigacha tushunib yetolmayapman. Xursandliklariniyam, armonda qolganlariniyam bilolmayapman.

Hadeb:
— Kim-kim? Kimni aytmoqdasiz? — deb qaytarib-qaytarib soʻraymanu: — Yana qayoqdan kun chiqib, kela qochtilar? — deyman.

Axiyri kennoyim bir titranib, kiftimdan boshlarini uzdilaru:
— Oh, Maqsudxoʻja-Maqsudxoʻja, qayoqdan chiqar edu, biz kutgan tarafdan chiqdu! Alloh aziz qilgan taraflardan chiqdu! — dedilar toʻliqib, Bilasizmu, kim ola keldu, Olum akangiz ola keldular daraklarinu...
— Ie, u kishimi?!. Meni xayolim kimlarga ketibdi! Oʻzlari qanilar, oyimgilar,bular qani? — deb surishtira ketdim.

Qarang-a, Toʻramning iltimoslari bilan ketgan odam Oltinxon toʻramni zurriyotlari bilan diydorlashtirib, kamiga yana qanday xabarlar bilan kelibdi!

Shundan oʻzlariga kelolmayaptilar, toʻliqib boryaptilar ekanmi kennoyim?!. Shu davada mening gina xaltam ochilib keta qolgan edi:
— Bitta qoʻng‘iroq odamni oʻldiribdimi? Bildirib qoʻymaydilarmi, uchib kelardim...

Ammo u kishi bu ginamni gina sanamay Olim akani yoqlay ketdilar:
— Yoʻq-yoʻq, u kishi sizni koʻp soʻrab-istadilar. Keyin kichigoyimlarnu, bularnu olib ketdular. Tayun-lab-tayunlab ketishdu, borar ekansiz.

Shu gaplardan keyin ham qani hovrimdan tusha olsam!..
— Elburutdan uylariga chopmasalar... borardilar oʻsha «polkovniklardan qolgan joylari»ga. Xolayu tog‘alarimizni shu yerda ham kuta olardik.

Oh, kennoyim-a, sabrlari tog‘cha bor, kennoyim-a! Shuncha ginalardan keyin ham Olim akamning tarafini olgandek, roʻmollarining uchini mijjalariga bosa-bosa... menga jilmayinqirab qarab turar edilar.
— Yoʻq, Maqsudxoʻja, u kishi bir nimularnu oʻylab shunday qildular shekillu. Damini chiqarmayluk dedularmu...
— Balki, — dedim men ham bu fikrga qoʻshilib. Biz Sulton akamizning daragi chiqqanini hali bayram qila olmaymiz. Yurtga osh berib, keyin javobini ham berib yurolmaymiz. Qancha gaplar ochilib ketishi, surishtir-surishtirlar boshlanib qolishi mumkin. Olim akamning ham bilgani-bilgan... Keyin javr-javr — kimga javr boʻladi?! Shu kennoyimgami?! Undan koʻra, bu narsani sal nari qilgani ma’qul-ku. Aslida ham Olim akam kimning iltimosi bilan ketibdi? U safarning oʻzi ham sal imi-jimidaroq emasmidi, axir?
— Oʻzingiz-chi, oʻzingiz nega bora qolmadingiz? Yolg‘izdan-yolg‘iz oʻltiribsiz, shunday kunda? — degandek qaradim.

Bu orada oʻzlarini hiyla tutib olgan kennoyim yenglarining ichidagi narsaga endi iymanib xijolat aralash qarab qoʻydilar:
— Biz boyaqishlarga shu ham yetarlu... Olamnu olub berganlaru ila barobar.
— Shuning oʻziga koʻnib qolaverdingizmi? — Shuncha yerdan mozor bosib kelgan odam shugina bilan kelibdilarmi, demoqchi boʻlardim. Kennoyim ham shu bir og‘iz soʻzdan oʻzlariga kelib, shoshib qoldilar:
— Chindan ham... Siz shoshumang, men hozir, — degancha pastdagi uylariga qarab boraverdilar. Yo shu bahonada haligi birovga koʻrsatib boʻlmaydigan — oʻzlarini esa, yig‘latgan xatni tashlab chiqmoqchi boʻlardilar, yo menga atalgan biror narsani eslab qolgandilar. Men esa, hamma narsadan ham burun, oʻsha yeng ichidagi xatga intiq edim. Akamdan boʻlak kimdan ham boʻlishi mumkin?! Men hozir undan ayrilib qolayotgandek, qaytib soʻrab ham ololmaydigandek edim, nazarimda. Bu ham boʻlsa, akamning anuv sarhad oshib kelgan (Chaman akam topib, berib yuborgan) xatlarini haliga dovur koʻrsatmaganimning jazosi, qaytimi- dek edi. Oʻzimga ham jindek alam qilayotgani shundan edi.

Bu orada kennoyim negadir paxta gulli choynak-piyola koʻtarib chiqa boshladilaru piyolada top-toza buloq suvini koʻrib, hayron qoldim. U nima boʻlsa ekan?

Hamisha siniq jilmayadigan kennoyim bu gal tamomi boshqacha edilar.
— Mana, Maqsudxoʻja, oʻsha mozor bosub kelgan narusalarning bittasu. Olloh aziz qilgan oʻsha diyornu suvi. Niyat qilub ichulgaykan, — dedilar u kishi meni taajjublarda qoldirib.

Men ham uni endi eslagan edim:
— Iya, bu oʻsha Toʻram taqsir buyurganlarimi? U kishi atay ola keptilarmi? — deya oldim.
— Yoʻq, akanguz... berub yuborubdilar...

Bu xabardan men chindan ham lol qolgan edim:
— Qanday, qaerdan bila qoptilar? — deb yuboribman, oʻzimga kelganimda kech boʻlgan edi: dilimga kelgani tilimdan uchib chiqib ketgan, endigi pushmonimdan yer yorilmasdi...

Kennoyim yerga qarab siniq jilmaydilar. Lekin bu jilmayishning tagida g‘amdan koʻra quvonch koʻproqqa oʻxshar, koʻzlari ham chaqnar edi:
— Shifo soʻrab ichsun, inshaalloh, koʻrmaganday boʻlub ketgay, deganmushlar...

Valloh-valloh, shunday deganmishmi, atay berib yuborganmishmi?!.

Ana senga Sulton akang, mujohid akang! — derdi ichimdagi mitti chol tilga kirib. — Kelib ketgani, koʻrib ketgani rost ekanmi? Koʻrmasa, zamzam berib yuborarmidi?! Shifo soʻrab ich, dermidi?! Kelganki, koʻrganki, u dardlari ariyqolsin deb, berib yuborgan. Ana, ular qandoq ham bir-birlariga mehribonlar, yeru koʻkka ishonmaslar, derdi. Men bu soʻz-bu hislardan ichim allaqanday toshib yig‘lasim kelib borar, oʻzimni qoʻyarga joy topolmasdim. Vujudimga ham titroq kirganmi, qoʻlimdagi piyola omonatga oʻxshab, ichidagi suv mavjlangandan-mavjlanib chayqalayotgandek, hozir oʻzimni tutmasam, bir yonga og‘ib toʻkila ketadigandek edi.

Kennoyim esa qistar edilar:
— Olung, Maqsudxoʻja, faqat niyat qilub iching. Oʻsha Xojar onamiz buloqlariga bizlarnuda oʻzi yetkazsun.

Men:
— Ilohim, ilohim, aytganiz kelsin, — dedimu ichib yubora qoldim. Oh, suv ham yutumi shunchalar yumshoq, oʻzi tomoqqa tekkandanoq chanqoqni oladigan boʻladimi ekan?! Oʻzimizning Izzani buloq suvlariga oʻxshab, ichgan saring ichging kelaverardi, tavba. Yer ostidan chiqqan suv bunchalar yutumli, yumshoq boʻlmasa?! Odam bolasiga atalgani, Ollohning marhamati ekani, Oʻzi chiqarib qoʻygani uchun ham shundaymikan?.. Men birinchi marta shunday xayollarga bormoqda edim. Nazarimda bu marhamatning hikmatini ham topgandek edim.

Kennoyim esa, yuzimga qarab, iltifot qilardilar:
— Yana bir piyolagina iching, Maqsudxoʻja?
— Rahmat, — dedim-u... oʻzim yana boʻlsa yoʻq demasdim. Ammo tortindim, axir akam nima uchun berib yuborgan?.. Shunga ham sherik boʻlamizmi?.. Rostini aytsam, shu bir piyola, suv bolaligimiz bilan birga yoʻqlikka koʻchgan u Izza buloqlarini, akam bilan bu diyorda kechgan kunlarimizni yodga solib, sog‘inchimni yangilab yuborgan, oʻsha kunlarni qoʻmsatishga tushgan edi! Qolaversa, Olim akam u tarafdan ola kelgan har bitta narsa menga aziz koʻrinib ketmoqda, ichim qurib bormoqda edi-yu, soʻray olmasdim. Ayniqsa, boya-gi koʻrganim maktubga — akamning qoʻllari tekkan, har soʻzidan uning nafasi ufurib turguvchi xatiga shunchalar mushtoqmanki, qani endi soʻray olsam, yetisha qolsam... Keyin kimsasiz bir uyga kirib olib, biqinib oʻqiy ketsam.. Ammo uni bu mushfiqadan qanday soʻrayman? Qolaversa, zamzam bahonasida ichkarigami, qaerga tashlab chiqqan boʻlsalar?.

U kishi piyolani qaytarib olar ekanlar, yuzimdanmi, koʻzimdanmi, bir narsalarni sezgandayin bir qarab qoʻydilaru qayrila turib, toʻxtadilar:
— Maqsudxoʻja, aytumoqchi anuv narusa... esungizdami? — dedilar yana ming bir istihola ila.
— Qaysi? — dedim garangsib.
— Koʻrpacha qatudan chiqqan-chu?

E-ha, u marvaridni aytyaptilarni, uni unitib boʻ-lar ekanmi?!

Bir kuni ishdan kelsam, oyim chaqiryaptilar:
— Hoy, Maqsudxoʻja, odam degan ham shunaqa ish qiladimi? Koʻrpacha qatiga nima qoʻygansan? — deb turibdilar.

Nima qoʻyibman, hech eslay olmasdim.

Keyin eshitsam, yig‘ib qoʻyilgan koʻrpachalarni qoqib-suqishayotsa, ichidan shildirab bir shoda marvarid tushib kelayotganmish. Shodaki, iplari zar, bog‘ichlari tillodan, koʻrgan odamning og‘zi ochilib qoladi emish.

Koʻrib oʻzim ham hayronu lol qoldim.

Qaerdan kelishi, kim qoʻyishi mumkin, aql bovar qilmasdi. Qancha bosh qotirib ham tagiga yetolmagandik. Keyin axir bir kun isi chiqib qolar-ku deb men uni hech kim topolmaydigan bir yerga — anuv parda ortidagi birov bilib, birov bilmas tokcha-tortmachamiz tagiga yashirib qoʻya qolgan edim. Shu vaqtgacha miq etmay yurgan kennoyim hozir oʻsha osmondan tushganday paydo boʻlib qolgan marvarid haqida og‘iz ochmoqda edilar. Uni qarang-a!..
— Xoʻsh-xoʻsh? — dedim ich-ichimdan bir hapriqish bosib kelib.
— Oʻshanu ham... bu kishi qoldurgan ekanlar.
— Yoʻg‘-e... — Bu endi aqlga sig‘dirib boʻlmaydigan narsa edi. — Qanaqasiga?
— Shunaqasuga... — dedilar kennoyim turgan joylarida toʻliqa boshlab, boyaqishginaning qaroqlariga yana yosh quyilib kelib, ovozi titray boshlagan edi, — oʻsha zanjular bilan kelganlaruda...
— Oʻsha qora-quralar bilan-a?! — Mening boshimdan olov chiqib ketgandek edi, koʻksimga havomi nimadir yetmasdi. — Oʻsha gap, oʻsha mish-mishlar rost ekan deng-a?!

Shu davada men ikki qadam tashlab, ushlab qoldimmi yo u kishi qoʻllarida choynak-piyola, boʻshashib yelkamga oʻzlarini tashladilarmi, oʻzimga kelganimda yuzlarini yelkamga bosib, aytib-aytib siqtar edilar:
— Rost ekan, Maqsudxoʻja! Biz boyaqishlar hech narusaning farquga bormabmuz!.. Fahmuga yetmabmuz... U kishu suvratlarga tushurib ketubdilar. Toʻyub-toʻyub koʻrib ketubdilar. Biz hech narusanu bilmabmuz. Bir ishora, bir belgu berub qoʻymabdular hatto, — derdilar.

Men esam, u mushfiqani qanday yupatib, qanday tinchlantirarimni bilmayman, ichimdan esa bir olam narsalar oʻtib bormoqda: «Belgi deysiz, mana shu marvarid-chi, u qaysi belgidan kam?!» degim kelyapti-ku tushov tushgan tilim yechila qolmaydi, oʻzimga ovoz bita qolmaydi. Ammo bu voqea rost chiqqanidan boshim osmonda: voh, mana buni akam desa boʻladi! Hammasini dog‘da qoldirib ketibdi, hatto sayyoh qiyofasida kelgan anuv vatanjudodan oʻtib tushibdi! Chinakam Botur deb shuni aytadilar-da, derdim. Derdimu miq etolmasdim. Negaki yaqin olib, oʻziniki hisoblab yelkamga bosh urgancha boʻzlayotgan kennoyim mendan oʻtib tushmoqda edilar:
— Eshityapsizmu, Maqsudxoʻja,— derdilar kuyib-pishib, — oʻsha «mehmon» oʻzlaru ekanlar. Kelubam bildurmabdular. Biznu ayab miq etmabdular. Alloh rozu boʻlsun, — deb bir yerga yetardilar.

Men esam:
— «Duoyu iltijolariz Xudoga yetgani shu, kennoyijon. Hali qarab turasiz, hammasi yaxshi boʻlib ketadi! Yoʻllar ochilib, koʻrmagandek boʻlib ketasizlar. Shukr qiling, Alloh daraklarini chiqarganiga. Olim akam borib koʻrib kelganiga. Mana bunday mujdalar keltirganiga, — deb taskin-tasallular bergim keladi-yu, ich-ichimdan bosib kelayotgan sevinch, xoʻrlik, sog‘inch aralash bir hislarni jilovlay olmayman: — Hademay Allohning oʻzi chegaralarni ochvorsa, bordi-keldilar mumkin boʻlib qolsa, nima deysiz?! Akam oʻg‘rincha emas, allaqanday qora-quralar bilan emas, roʻy-rost kirib kelsa, nima deysiz?! Axir Allohga oson ekan-ku», — deya xonamga yugurib kirgim, pardalarni ochib tashlab, oʻsha birov bilib, birov bilmas joydagi omonatni olib chiqqim keladi-yu, joyimdan jilolmayman, qoʻzg‘ololmayman. Faqat bir narsaga hayronman! U kishining oʻzi-chi, nega tanib turib ham... bilib turib ham necha miq etmabdilar, hokisorlik shunchalik boʻlarmi?

Shu davada:
— Shoshmang, men hozir, — deya bir qadam chekilib, uyimiz tomon burilmoqchi boʻlgan joyimda u kishi bosh toʻlg‘ab oʻtinishga:
— Yoʻq-yoʻq, Maqsudxoʻja, qoʻying, tura tursun. Kichigoyum kelgunlaricha tursun, ovoza qilmay turayluk... — deb iltijo qilishga tusha ketdilar
— Xat-chi, zamzam-chi, ularni hammi? Endi bu narsalarni yashirib boʻladi ekanmi? — dedim hayronlar qolib.
— Yashirub-ku boʻlmas, lekin ovoza qilish ham xayr¬lumikan? — dedilar u kishi.

Darvoqe, nima hayrli — oʻsha Alloh rozi boʻladigan narsadir. Chindan ham, hozir sabrdan yaxshiroq, xayrliroq narsa yoʻqdek edi.

Shu tob... hali joyimdan jilmay turib... eshikka yengil mashina kelib toʻxtab, ajabtovur musiqachalib, chaqira boshladi. Bunaqasi Olim akamning «Volva»sida ham yoʻq edi. Tavba, kim boʻldi ekan, deb chiqib borsam, qay koʻz bilan koʻrayki, tanish yashil «Jiguli»dan... boshida oq kepka, egnida oq hoshiyalari biram chiroyli, biram yarashgan zangori sportchilar kiyimida... Chaman akam tushib kelyapti:
— Xello, Maqsud mirzo! Haliyam shoʻttamisan? Olim kepti-ku, ziyoratga oʻtmaymizmi, axir?
— Assalomu alaykum. Nega oʻtmas ekanmiz! Oʻtamiz. Akamni ziyorat qilib kelgan odamni ziyorat qilmaslik mumkinmi?! — dedim men quchoq ochib bora boshlab.
— Uni qara-ya! — dedi Chaman akam oʻsha-oʻsha hazilkashligi tutib, — Sultonga kimlar intiq-intizor, kimlarning koʻzi teshilib yotibdi, Olim akang koʻrib kepti! Dunyoning teskariligini koʻr!
— Nasib-da, nasib! — dedim men.
— Endi borib yermiz xasip, — dedi u.

Kulishib, quchoqlasha ketdik. Orqadan chiqib kela boshlagan kennoyim qay ahvolga tushdilar, men koʻrolmasdim.

Bir kunda shuncha xursandchilik, shuncha mujda! Bu yaxshi bir zamon, masrur kunlar kelayotganidan, anavi boyaqishlar koʻkragiga ham oftobu shamol tegajagidan yaxshi bir darak emasmikan? Qolaversa, akamning manavi jahongashta doʻsti yana qanday xabarlar bilan keldi ekan? Bekorga qadam ranjida etmagandir?!

Shu tobda men undan bir narsani juda-juda soʻragim, bilgim kelib ketayotir edi. Sekin qulog‘iga shivirladim:
— Ayting-chi, akajonimiz qoʻnim topgan diyorga bormoq osonmi, u yerdan kelmoqmi?..

Bu shunchalar sirli ediki, Chaman akam aftimga «Ha, quv», degandek qaradiyu u ham sekin bag‘riga tortib, qulog‘imga pichirladi:
— Xudo xohlasa, har ikkisi ham oson. Axir akang keb ketipti-ku. Endi kimning gali ekan? Navbat sizlarga-da.
— Yoʻg‘-e, rostdan-a? Behazil gapizmi? — deya aftiga tikilib qolibman. Shu temirqoʻrg‘ondan biron yoqqa chiqib boʻlarkanmi, demoqchi boʻlardim.

U ham bir qarashda meni tushuna qoldi. Tushuna turib, dabdurustdan yelkamga qoqib, sal oʻziga tortgancha jilmaydi:
— Akang yoʻlini topganda sen topolmaysanmi? Senga osonroq-ku? — dedi atay mening jig‘imgami-g‘ururimgami tegmoqchi boʻlib. Rostdan ham bu gap nafsoniyatimga tegib ketgan, oʻzim toʻmsaya boshlagan joyimda uning bu gapi hazil ekanini fahmlab qolib, boʻshashdim:
— Hamma ham akam boʻlaveribdimi! Unday boʻlolsak, jon-jon derdik-ku.

Chaman akamga bu gap nasha qilib, bexos bag‘riga tortdiyu, quya qulog‘imga yana boyagidan ketdi:
— Eh, pakana pari, pakana pari. Gazetda ishlayverib, toʻngib qopsan. Koʻzingni och, sen ishongan tollar allaqachon kesilishga kepqolgan, ich-ichidan chirib yotibdi...

Yoʻg‘-e, nahotki, degandek aftiga yalt etib qarasam, har baloga aqli yetadigan Chaman akam... oʻsha-oʻsha su-yib, jilmayib turibdi.
— Bir kun ertalab turib qarasakki, u qari tollar yoʻq, ...shundaymi?
— Yoʻq, — dedi u ma’noli boqib, — ortidan esa, chiroyli bir tong otib kelyapti — boqib toʻymaysan. Tushunding?! — dediyu shoshirishga tushdi. — Ketdik, ketdik, akangdek odamni koʻrgan safarchi keladiyu biz oyoqni qoʻlga olib yetib bormaymizmi, uyat boʻlar, axir. Bordir bizga ham atalganlari...

Shuncha qistasak-da, kennoyim unmadilar. Uyni yolg‘iz qoldirishga koʻzlari qiymadi:
— Borarman keyinroq, menga boyagilar ham yetadi,— dedilar mungli jilmayib.

Chindan ham, endi nima ham akam berib yuborgan narsalardan oʻta olardi?!

Alqissa, oʻsha Boʻzsuv boʻyidagi «polkovniklardan qolgan bog‘»ga yetib, tanish hovli-joyga kirar ekanmiz, peshvoz chiqqan safarchini koʻrib, gangib qolgan edik.

Qay koʻz bilan koʻraylikki, qarshimizda Sulton akamizdek jussador, koʻz qarashlariyu boʻy-basti bilan, hatto yurishlari bilan akamga tortib ketgan bir odam — Olim akam quchoq ochib kelar edi. Valloh, valloh, Sulton akamning oʻzini koʻrgandek quchoqlashib, yalashib-yulqashib ketdik. Xursandlikda bizga yetadigan odam yoʻq edi. Undan akamning hidi, boʻylarini tuyib, bir yerlarga yetar edik.

Ammo hammasidan Olim akam qoʻyin choʻntagidan chiqarib, menga uzatgan «mozorbosdi hadya» oʻtib tushdi.

U hov bir vaqtlar — bolaligimda tog‘am hadya qilgan narsaga juda-juda oʻxshab ketmoqda edi. Bu ham oʻshanga oʻxshab, tig‘i jimjiloqdek, oʻzi bir qarichcha keladigan — sadaf bandli pichoqcha edi. Balki oʻshaning oʻzidir, oʻsha pichoqchadir, degan xayollarga-da bormoqda edim.

Farqi — buning moʻ’jazgina qinchasi, yiltiroq qora koʻndan tikilgan g‘ilofchasiyu bejirimdan-bejirim shokilachasi ham bor edi. Qinmisan-qin. Yonga taqadigan belbog‘chasini aytmaysizmi, oʻshani-da unutishmagan edi. Fil suyagidanmi, nimadan qilingan oppoq sadaf bandi esa, oʻsha qindan chiqib turibdi.

Voh, nima bu? Qanday moʻ’jiza? Yoʻqolgan narsalar osmondan tushgandek paydo boʻlib tursa? Yo akam berib yubordimikan?!

Koʻzlarim oʻynab ketganini koʻrgan Olim akam mayin jilmayib, yelkamga qoqdi:
— Sen avval ichini och, qindan chiqar. Kimdanligini bil.

Qoʻlim titranqirab qindan chiqarsam, uchiga qadar shildiroq qog‘ozga oʻralgan jajji pichoqcha.
— Och, och, — dedi Olim akam qistab.

Qog‘ozini olsam, pichoqmisan pichoqcha. Naq, oʻsha, hov bolaligimizda tushib qolmasin deb, kitob muqovasi ortiga yashirib yuradiganimdek, sadaf bandli mitti pichoqcha. Faqat bir yuziga uch kunlik nozik hilolu bir yulduz zarb etilib, tepasidan zarhal bilan nimadir yozdirilgan edi. Unaqasiga ham, bunaqasiga ham oʻqiy olmadim.
— Ie, «Anvar mirzo», oʻzlarini ham tishlari oʻtmadimi? Unda koʻfiy xatga ham tishi oʻtadiganlarga bering. Ana, Chaman akangizga bering, — dedi Olim akam tegishib.

Shundagina chumoli izidek bu mayda yozuv arabiy imloda, ustiga ustak, zer-zabarsiz ekanini anglab, qimtingancha qoldim.

Chaman akam oʻqidi. Qarangki, bitik arab imlosida boʻlsa ham, oʻzi turkiy tilda edi: «Hammamiza suyukluv, hammamizdan oʻzgukluv 1 pakana pariga».

Tanidim! U Sulton akamdan edi! Undan boʻlak hech kim bundoq yozmasdi ham, erkalamasdi ham!.. Tanidimu vujudimga shirin bir tuyg‘u — bir jimirlov yugurib, koʻzlarimdan tirqirab yosh chiqib ketdi!

Rostini aytsam, bundoq yosh, bunday hislar koʻpdan mehmon boʻlmagan edilar. U yana uzoqroq davom etaversa, toʻxtamasa, derdim. Sog‘inch yoshlari shunchalar shirin boʻladimi ekan?!.

Men pichoq yuziga termular ekanman, akam atay yozdirib yuborgan haligi ikki og‘iz soʻz tilimdan tushmas, goʻyo dilimga muhrlanib qolgandek edi: «Hammamiza suyukluv, hammamizdan oʻzgukluv...» Oʻzish tugul, ukasi degan nomga munosib boʻlolsak-chi avval!..

Shu bilan birga, yana allaqanday shirin hislar qamrab kelib, bu soʻzlardan totli bir g‘urur ham tuymoqda edimki... oʻzim bilan oʻzim boʻlib, hamrohlarimdan ortda qolib ketibman.

Bir mahal qarasam, ular hiyla narida toʻxtab turibdilar. Toʻxtaganlari mayli, turishlari g‘alati edi, qoʻrqqulik edi!..

Valloh-valloh, oʻrtalarida qanday gap oʻtibdiki, Chaman akam safarchini ikki kiftidan tutib, oʻziga qaratgancha... yuzlaridan koʻz uzmasdi. Hech kimga boʻy bermaydigan, qolaversa, durkun tortib ketgan Olim akam esa, shu holiga akajonisining ming yillik oshnasi oldida boʻyin egib, yer suzib qopti. Bir qur boʻlsa-da, uning koʻzlariga qarab qoʻymaydi. Toʻg‘rirog‘i, qaray olmayotir. Yuragim shig‘-g‘ etdi: «Nima roʻy bera qoptiki, bunday turishibdi? Mendan nimani yashirishgan ekan?!.»

Menga qolsa, yugurib borib, ijikilab surishtirishdan ham toymasdim, ammo ulgurmadim. Olim akam bir nima dediyu Chaman akam boʻshashib, tusha qolgan edi.

U nimani qistab qoʻymagan ediyu nimadan bunday boʻshashib tusha qoldi? Qolaversa, akamdan boʻlak kimni ham surishtirardi?! Bu oʻydan yuragim toʻkilgudek bir holga tushib, sekin boraverdim.

Chaman akam soʻrardi:
— Xabarchilari-chi ulardan ham darak boʻlmadimi?
— Ikki xafta kutdik,— dedi Olim akam, darak tugul, javob kelmadi...

Ana xolos! Nega unday boʻlibdi? Umrida lafzining ustidan chiqmay qolmaydigan akamga nima boʻlibdi? Bu oʻydan kuragimda boshimga dovur bir jimirlov yugurib, peshonamdan muzdek ter chiqib ketgan edi.

Xuddi shu lahzada nima boʻlib, Chaman akamning nigohi menga tushdiyu birdan oʻzgardi-qoldi. Kutilmaganda Olim akamni yarim quchganicha ichkari boshlayverdi. Gʻalati hol edi: mezbon kimu mehmon kim, ajratolmay qolgan edim. Kamiga Chaman akam ovozini baralla qoʻtib, unga taskin berardi:
— Shunga shuncha tashvishmi? Muhimi, oʻzini koʻribsan, diydoriga toʻyibsan, sovg‘ayu, salomlarini ola kepsan. Ortiq nima kerak? Qayta koʻrisholmagan boʻl-sangiz, epini qilolmagandir-da. Muxojir odamga oson tutma. Qaytaga uzulgan rishtalarni ulab kepsan, qay oʻlka, qay diyorlardan soʻrarimizni bilib kepsan! Shunga ham shukr, doʻppini osmonga otsang-chi! — derdi shantallab. Qarang-a, bir oʻgirilib kimga aylanib ulgurgan edi u.

Ammo ular mendan nimanidir yashirishayotganga ham oʻxshar edilar.

U nima ekan, suyukluv ham oʻzgunluv ukalari — men hech narsa bilmasdim.

Uchinchi Kitob Bitdi

Jindek Izoh

Va nihoyat, oʻn sakkiz yillik ayriliqdan soʻng ota oʻz farzandi-arjumandi ruxsoriga yetishib, mushfiq onaizorning kelinlik sepi tariqasidagi taqinchog‘i — omonat ham oʻz egasini topgan va shariat zammata yuklamasi vazifalarni oʻtashga urinib qilingan sirli safar uddalanib, vatan sog‘inchi, yaqin jigarlar sog‘inchi jindek qondirilgan bir pallada «Judolik diyori»ning uchala kitobiga nuqta qoʻymoq ham mumkin edi.

Ammo Oltinxon Toʻram farzandlarini ota diydoriga yetkazish asnosida jigargoʻshasi bilan koʻrishishga muyassar boʻlgan Sultonmurodning ketguningcha yana koʻtarishgaymiz deb «lafzining ustidan chiqolmagani — hikoyachiga ham, kitobxonga ham qorong‘u qolayotgani bois bu tarixni aniqlashtirishga toʻg‘ri keldi.

Aziz kitobxon. Dastlabki urinishlarimizdan shu narsa ma’lum boʻldiki, judolik tarixi hali poyoniga yetmagan koʻrinadi. Shu bois Sultonmurod taqdiriga doir hozircha muallifga ayon tarixlardan bir qismini toʻrtinchi kitobning ilk bobi sifatida taqdim etishga jur’at qildik. Alloh xayrli qilsin.

Uzr, diydor navbatdagi kitobga qoldi.

Muallif.

Sog‘inch Diyori

4-Kitobdan Ilk Bob

Sadag‘ang ketay Qora darvesh yoxud bemavrid chaqirilgan azon (Yolg‘iz muallifga ayon tarixlardan)

Kun tig‘ga kelgan, oʻsha lag‘chaga aylangan kunning oʻzi ham osmon toqiga mixlanib qolgandek edi. Uning zavolga og‘ishi, olov taftining qaytishidan bir belgi, bir sas berib, biron narsa qilt etsa-chi qani!.. Hatto vaqt toʻxtab qolgandek. Soyalar-ku kichrayib borib, dov-daraxtlarning, qoʻrg‘onlarning ortiga yashirinib olgandek, tosh-kesaklar tagiga kirib ketgandek. Goʻyo olam Mahshargohga aylanib, quyosh ham pasaya boshlagandek bir pallada bu muazzam shahar ahli barcha yumushlarini tashlab, kim soya-salqin qoʻrg‘onlariga, kim qorong‘ilatilgan ichkari uylariga kirib ketganlaru butun shahar kimsasiz Madina-kentga aylanib qolgandek edi.

Yaxshi ham Olloh qaylulani chiqargan, shahar ahli necha zamonlardan beri kunning mana shu pallasida boyagidek salqin joylariga kirib ketib, bir muddat mizg‘iy ketadilaru yana asrga yaqin «tirilib chiqib», oʻz toat-ibodatlarigayu tirikchiliklariga kirishadilar. Asr namozi ana oʻsha qaylula shukronasiga oʻxshab ketadi. Ana shundan keyingina Madina koʻchalarida bahri dilni ochadigan shabadalar yurib qoladi...

Ungacha hali picha bor. Bizga avvalgi kitoblardan tanish, qolaversa, shu asarlarning bitilishiga ma’lum ma’noda sababchi boʻlgan Bahriddin birodarimiz ham hozir tijorat ishlarini bir chetga surib, ichkari uyda qaylulaga berilgan, shu topda tong-saharlardagidek tiniqdan-tiniq tush koʻrib yotar, qarangki, yana oʻsha oʻksik bolaligiyu iqbol etagidan tutdim deganda ajrab qolgan diyorining dalayu qirlarida kezib yurar edi. Kezish nimasi, oʻsha diyor shamollariga, qushlariga qoʻshilib, shabboxun urar edi.

Umrining soʻnggi kuni, soʻnggi nafasiga qadar tushlariga kiraversa kerak oʻsha diyor, oʻsha oʻngida yetib boʻlmas goʻsha. Balki soʻnggi nafaslari bilan birga u bu vujudni, bu quvg‘indi koʻngilning qa’rini tark etsa, jon qushi bilan qoʻshilib chiqib ketsa ham ehtimol... Ungacha mehmon boʻlib kelaversa, oʻrtayversa, jon qushini oʻsha aziz goʻshalarga yetaklayverib qoʻymasa, ne ajab? Tilimiz nega yolg‘onlab keladir, uni judolik diyori deb atab? U axir dil qa’rida yotmasa, jon qushi ila birga boʻlmasa, nega mizg‘idi deguncha koʻrinaveradi, oʻsha goʻsha, oʻsha diyorga yetaklayveradi?!

Balki adoqsiz sirlaridan voqif qilmak lozim boʻlgan choqlarida u yana tushlariga oralab kirib kelaverib, uni yana nimalardandir ogoh etmoqchi boʻlaverar?.. Ishqilib u oʻshal aziz diyorning koʻm-koʻk bedapoyayu qir-soylarida yugurgilab yurar, goh qaybir tepalarda, goh qaybir adirlarda yuragini hovuchlab turib qolar edi.

Bu yoqda esa, bir gala ot ovlovchi chavandozlar har birlarining qoʻllarida bittadan arqon-sirtmoq, hammalari bir koʻrkamdan-koʻrkam, uchqur otni, hali hech minilmagan salt bir otni har tarafdan oʻrab kelishardi. Payt poylab turib, hurkak otning boʻyniga sirt-moq otib ilintirib olishsayu keyin qoʻyib yuborishmasa. Ammo ish hali bunga yetganicha yoʻq. Yaqinlashdilar deganda u shart qayriladiyu uzun, koʻhlikdan-koʻhlik boʻynini bir yonga egib, yollarini hilpiratgancha chap berib, qochib qoladi. Keyin birontasi unga yeta olsin-chi, changida qolib ketadilar! U esa, narigi qirga oʻtib borib, sekinlaydiyu atrof-javonibni jangillatib — shunday kishnab beradiki, bu kishnovdan yuraklar simillab oqishga tushadi. Simillagan sari g‘ururmi, nimadir qanotga aylanib, ikki kurakdan oʻsib chiqa boshlaydiyu u otni yana quvsalar bormi, unga qoʻshilishib uchgisi, tutqich bermagisi kelaveradi.

Ot ham otmisan ot edi oʻzi! Qirga yetib olib, tepada turishini koʻrsangiz! Bunaqasi ilgari ham tug‘ilganmikan hech? Goʻzalligiyu koʻrkamligini koʻring. Toʻrttala oyoqlari tizzasiga dovur oq-oppoq, peshonasida yulduz-qashqasi bor bunday ot har yuz yilda bitta tug‘ilsa ham, mingtadan bitta chiqsa ham ajabmas. U chindan ham mingta ot oʻrtasiga tushsa, ajralib turadigan otlardan edi, tanuqlidan tanuqli, koʻhlikdan koʻhlik jiyronqashqa edi.

Ot oʻg‘rilarimi, ishqibozlarimi, ishqilib sirtmoq tutgan abjir chavandozlar galasi shunchalar harislik bilan uni quvar, oʻrovga olar, sirtmoq tashlar edilarki, biri boʻlmasa, biri muddaosiga yetib qoladigandek, Bahriddinning nafasi ichlariga tushib-tushib ketardi.

Ammo har gal «oʻldi!» deya ichlari zimillab, koʻzlarini chirt yumib olgan mahal... yana ochsaki, jiyron-qashqa Ollohning qaybir inoyati bilan «quv-quv»lardan qutilib chiqib, ketayotgan boʻlar edi!..

Valloh-valloh! Bu ne hol, bu ne sinoat? Qachonga dovur boʻy bermay, qochib yura oladi ekan?! Bu «quv-quv»larda ne hikmat yashirin oʻzi?..

Soʻnggi damda... birov xuddi Ka’batullohdagidek tiniqdan tiniq, choʻziqdan choʻziq azon chaqirib yubordiyu... Bahriddin («Iya, asr boʻlib ketibdimi» deya!) sapchib turib ketdi.

Keyin oʻsha ichkarida, oʻzlarining alohida tahoratxonalarida tahorat olib, yuvinib-taranib, biratoʻla namozga otlanib, xoji koʻylaklarini kiyib chiqib keldiyu ayolining hali ham tikuv mashinasi yonidan turmay, oʻsha bir vaqtlar diyordan kiyib kelgan qarg‘ashoyi atlas koʻylagining etagini soʻkib-choklab oʻtirganin koʻrib... hayratlandi:
— Ha, onasi, muncha ixtimat qoʻyib yoʻrmamasang? Qizlaringga boshqa juftini topolmay oʻtirmaylik, hali?

Marg‘ubonu eriga shirin jilmaydi:
— Ulariz oʻzlari avvaldan tanlab boʻlishgan. Bu Fotimamizga. Zuhrangiz sariq atlas kiyadi emish.
— Unda ishim oson ekan. Men bunaqa koʻhna atlasni yana qaerdan toparkanmiz, deb yuribman, — deb ketidan qoʻshdi. — Yana bitta egizak tuqqaningda bormi, onasi, bizdan badavlati boʻlmasdi bu Madinai munavvarada.
— Oling-a, — dedi ayoli yonoqlari kelin paytidagidek duv qizarib. — Shu davlatiz kammi, adasi? Xudoga shukr, hech kimdan kam emasmiz. Bahriddin badavlat nomingiz bor.
— Shukr, shukr, mingdan-ming shukr, gap kelganda aytdim-da. Qizlaring anuv yangi karavotimizga joy qila qolishsin, — deb yura boshlagan joyida ayoli shoshqich oʻrnidan turib, etaklariga ilashgan qiyqimlarni qoqishga tutingan kuyi uni toʻxtatdi.
— Shoshmang, adasi, elburutdan qayoqqa otlanib oldingiz? Asrga erta-ku hali?
— Erta?.. — deb hayratlandi Bahriddin. «Unda... azonni qaerdan eshitdim? Oʻsha xovfimda ekanmi u ham?..»
— Erta-erta. Ana, soatga ham qarang, — dedi ayoli.

Chindan ham devordagi zarhal kaftgiri toʻxtovsiz borib-kelayotgan soat millari asr vaqtiga yetishiga ancha bor, bu muddat ichida bir uxlab tursa yoki dunyoni ishini ado etib ulgursa boʻlardi.

Bahriddin hech narsaga tushunmay kalovlandi: «Uni qara-ya... Unda bemahal yangragan azon — nimadan imdod ekan? Shaytoniy desa, haramdagidek jarangladi: bu kalimalardan shaytonning oʻzi tirqirab qochmog‘i lozim edi. Hovfida — oʻsha koʻrkam jiyronqashqa yugurib yurgan qir-adirlarda yangradi ekanmi? Unda xatardanmi, nimadan darak bermoqda?..

Gʻalati, tushunuksiz hol edi. Bahriddin qaytarini ham, chiqaverishini ham bilmay toʻxtagan bir kezda ayoli nimanidir eslab, tokcha tomon yurdi:
— Darvoqe, adasi, Jiddadanmi, qaerdan diligram kelgan edi. Uyg‘otishga koʻzimiz qiymay, olib kirmagan edik, koʻring, — deb xabarnomani olib uzatar ekan, qistadi, — birpasgina oʻtira turing, jindek tolmachoy tayyorlay, maylimi?

Shoshqich azon-la turg‘aziluv, undan avval mana bu telegrammaning kelishi... Qolaversa, dunyoda eng tanuqli, koʻrkam bir otning hech kimga tutqich bermay qirdan qirga oshib yurishi... Bularning hammasi nimadandir imdod beraru Bahriddin ularni qanday ta’bir qilmoqni bilmas edi?

Gʻalati, juda ham g‘alati edi. U bir chetdagi oromkursiga borib oʻtirishga sabri yetmay, turgan joyida telegrammaga koʻz tashladi.

«Bahriddin badavlat birodarimizga: Moziydagi «Buyuk muhojir»dan zoʻrroq bir qahramon topgandekman. Yolg‘iz oʻzingga bir olam gaplarim bor. Anuv xizmatkoring — biz bilan yurtga borib qaytgan gung murobitni toptirib qoʻysang. Osmonimizga zig‘ircha bulut oralashini ravo koʻrmasman. Kordovadan qaytgan birodaring. Qora darvesh».
— Ana xolos, — deb yubordi Bahriddin.

Qiziq. U Sultonmurodning kimligini bilmasdi-ku? Joʻnab ketgach qaerdan xabar topibdi? Nega, qaerdan murobit deb atamoqda? Yana topdirib qoʻy degani qiziq!.. Yolg‘iz oʻzingga bir olam gaplarim bor, degani-chi? Xavotirli bir gap oʻtmagan boʻlsa, telegramma berib yurmay — toʻg‘ri kelaversa boʻlardi-ku?!

Demak, oʻrtada bir gap bor! Behuda chopib kelayotgani yoʻq.

Uni rostakam vahm bosib kelib, turgan yerida «qul a’uzu»ni takrorlab, Ollohdan panoh soʻragan boʻldiyu telegrammani deraza yonida qoldirib, telefon daftarchasiga yopishdi. Unda Sultonmurod xolavachchasining xos telefonlaridan tortib, barcha shaharlardagi jamiyat telefonlarigacha boʻlishi kerak. Avval oʻziga ulanib koʻrishga harakat etdiyu bir vahimasiga oʻn vahima orttirib oldi. Har gal stantsiyadan bir xil javob boʻlar edi: «janob telefon raqamlarini oʻchirib qoʻyganlar, yo chegaradan tashqarida boʻlishlari mumkin».
— Qaerda boʻlishi mumkin? — Bahriddin u bilan bir hafta oldin gaplashganini, undan keyin hech ulanmaganini esladi.

Oʻshanda «Olimni koʻrdim. Toʻramning zurriyotlarini diydorlashtirgani ola kepti. Senga, xonadon ahllaringga xeshu aqrabolarimizdan bir olam salom keltiribdi. Qaytishda albatta, kirib oʻtaman. Ungacha ichikib qolma, deb sim qoqdim. Alloh koʻrishtirguncha», deb edi. Mana endi ulanmay oʻtirsa...

Balki biron shoshqich ishi chiqib, joʻnab ketdimi, deya Bombeydagi idorasiga ulandi.
— Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokotuhu, — deb salomlashdi kotib janob.

Bahriddin alik olib, oʻzini tanishtirdiyu birodarini soʻradi:
— Mumkin boʻlsa, ulab yuborsangiz, — dedi umidla. Ammo kotib boyagidan ham tavozu bilan:
— Janob oʻsha taraflarda safardalar. Biz sizga oson ulanish raqamini ayta olamiz. Marhamat, yozib oling, — dediyu Bahriddin biladigan raqamni qaytardi. Bu oʻsha — qoʻl telefoni edi.

Bahriddin bir koʻngli ulanmayotganini aytmoqchi boʻldi-yu, hali yoʻq narsaga ularni ham xavotirga qoʻygisi kelmadi. Endi yolg‘iz umid — Oltinxon toʻramdan edi. Hech kim bilmagan taqdirda ham u kishi Sultonmurod qaerdaligini bilishlari kerak. Ular safarda koʻrishgan boʻlishlari kerak.

Bahriddin shu umidda Toʻramning madrasadagi oliy dargohlariga sim qoqdiyu u zot safardan qayta turib, qarichilik — jindek urinib qolganlarini eshitib, oʻzlariga ulanishga jur’at etmadi.

Endi yolg‘iz yoʻl — Toʻramni ziyoratlariga oʻtish qolgan edi. Shu bahona soʻrash mumkin, undan beriga bezovta etish adab doirasiga sig‘masa ham kerak?!

Bahriddinning quvvai hofizasi ham, aqli ham oʻqdek ishlasa-da, bundan toʻg‘riroq yoʻl koʻrmas edi. Axiyri ichkarida oʻtira olmay tashqariga chiqib ketdi. U xurmozor oralab kezinar ekan, Qora darveshni oʻylab:
— Kelsa, kela qolmaydimi? Jiddadan chiqqan odam allaqachon Madinaga kirib kelishi kerak edi-ku, — deb tashvishlanib borar, bunaqa vaqtda zikrga berilish lozimligi yodiga kela qolmas edi.

Shu asno Zuhra qizi:
— Adajon, ayajonim choyga chaqiryaptilar, — deb chiqib qoldiyu u qizlarini toshkanchasiga «oh, moʻmoch qizlarim, poʻpoch qizlarim, baraka topinglar, ona qizlarim», deya erkalab kirib boraverdi, ammo ichida g‘urmishlagan narsani hech unutolmasdi, hatto karavotga qilingan bir chiroyli joylar ham, shakarob berib suv sepilgan, salqin ufurayotgan ichkari hovlining oʻzi ham uning koʻziga koʻrinmayotgan edi...

Hayriyat, bir piyola choy ichar-ichmaslaridan xabar kirdi:
— Xojam, xabashistonlik birodariz huzuringizga kirishga izn soʻraydir. Oʻsha boshi mushtdek, oʻzi gungursdek odam...
— Darvoqe, Qora darvesh... — deb oʻrnidan tura boshladi Bahriddin badavlat, — yolg‘iz oʻzi boʻlsa, shu yoqqa ola qolinglar, — deb izn bergan joyida «yoʻq, ular ikki kishi» degan javobni eshitib, fikridan qaytdi. — Mayli, men chiqib boryapman. Aziz birodarimizni oʻsha mehmonsupaga chorlay qolinglar. Yoʻl bosib kelishgan, muzdek suvlar tutinglar, — deb turib, ayoliga oʻgirildi, — Balki tolmachoyning mastavasini ham oʻsha yerga chiqararsizlar. Qaranglar-a, kimlarning nasibasini qoʻshgan ekan, — deb alqab qoʻydi.

U tashqari hovliga chiqib borganida mehmonlarning chuvakrog‘i qoʻsh xurmo tagidagi mehmonsupaga choʻkkan, Qora darvesh esa, hurmo tagida turiboq yutoqqan qoranordek suvga yopishgan, muzlatgichdan chiqqan suvni idishi bilan koʻtarib, ichmoqda edi.

U Bahriddinni koʻrib qolib, suv idishni-da tashlab, ikki oyoqda turgan ulkan mittibosh dinozavrdek quchog‘ini ochib lapanglab kela boshladiyu, xizmatchilar turgan joylarida ang-tang qoldilar. Bahriddin esa: «O, bizni jonajon yurtni tavof etib kelgan aziz birodarimiz-ku!» deya talpindiyu bir-birlarining bag‘rilariga singib ketdilar. Toʻg‘rirog‘i, Bahriddin Qora darveshdek, «ona sutiga toʻymay qolgan dinozavr» bag‘rida oq boʻtadek boʻlib qolgan edi.

Ular shu koʻyi bir muddat bir-birlarini iskalanib, boʻylariga toʻymay turib qolishgach, Qora darveshga zabon bitdi:
— Oh, meni Xotamtoy birodarim, ehsonlari, sochganlari Abdurahmon Avfcha bor oshnaginam, koʻrar kun bor ekan-ku, — deya chin moʻminlardek hali u yelkasiga, hali bu yelkasiga bosh qoʻyib, koʻrisharkan, bu ham uning kuraklarini silab, alqashini qoʻymas edi:
— Sog‘intirib qoʻygan Ollohimga shukr, koʻrmasa turolmaydigan etib qoʻygan yolg‘iz Tangri subhonahu va taologa shukr, — derdi.

Nihoyat qoʻshilishib kelgan hamsoyasi bilan-da koʻrishib, supaning uch tarafini egalladilar-da:
— Qadam yetdi, balo yetmasin, Olloh oʻzi rahmatidan benasib etmasin, — qavlida duolar qilishib, soʻrashib-istashga tushdilar.

Bu orada olma gulli choynaklarda choy chiqib, tolmachoyning mastavasi ham kela qoldi. Ayoli baraka topsin, qizlariga bosh boʻlib, shu qisqa vaqtda xush-xoʻrgina mastava tayyorlab ulguribdi. Yana ustiga jindek qatiq, jindek murch, quruq rayxonlar bilan chiqarishibdi. Alqab-alqab ichib olishdiyu shu taftbosdidan soʻng ikki birodar bir-birlariga oʻzlari tushunadigan tilda nigoh tashlab qoldilar. «Nechuk, zarur ishlaringni ham tashlab, biz tomon chopib qopsan? Tinchlikmi, ishqilib», derdi Bahriddin.

«Bilasan-ku, birodarlarimga tegishli gap chiqsa, ichimga sig‘dirolmay qolaman. Ayniqsa, sizlarga! Telegrammani olgandirsan?» demoqchi boʻlardi u.

«Oldim», dedi Bahriddin bosh silkib. Qora darvesh esa, piyoladagi choyini bir xoʻplashdayoq boʻshatib, turaverdi. Soʻngra gap-soʻzsiz uning tarafiga oʻtib, qoʻltig‘idan oldiyu yelkasidan quchgancha xurmozor tomon boshladi, xurmolar tagiga yetishganda qoʻyib yuborib, oʻzi fil oyog‘idan-da yoʻg‘on bir daraxt tanasiga suyandi:
— Sog‘inch oʻz yoʻliga. Lekin men atay sizlarni deb, uni deb keldim, — dedi qorasidan oqi koʻproq mitti koʻzlarini buning yuziga qadab: — Topoldingmi oʻzini? Shu soat, shu daqiqada koʻrsa boʻladimi? — dedi battar hayratda qoldirib.
— Yoʻq. mana bir xaftadirki, hech yerda yoʻqmish,— dedi Bahriddin rostiga koʻchib. — Telegrammani olganimdan beri urinaman, qani izini topsam. Hech kim hech narsa bilmaydi. Bombeyga ham qaytmagan...
— Qaytmagan?!. — Kutilmaganda u Bahriddinning yelkalariga chovut solgandek qoʻl tashlab silkishga tushsa... Bahriddin demaganlarning suyaklari shiqirlab oʻzi borib-kelarmidi yo roʻparasidagi xurmolar chayqalarmidi, ajrata olmay qolgan, qolaversa, bu Qora dinozavrning changalidan qanday qutulishni bilmas edi.
— Sen oʻzingni mening oʻrnimga qoʻyib koʻr. Bilasanmi, men kimga aylanaman? Ollohning oldida subutsiz odamga aylanaman-ku. Tushunasanmi shuni? — dedi u avvalgisidan ham qattiqroq silkilab.
— Tushunganim bilan... iloj qancha? — dedi Bahriddin.
— Yoʻq, sen ayt. Uni shu bugunoq, shu soatdayoq topa olamizmi?

Bahriddin endi oʻzini tortib, oʻylanib qoldi:
— Shoshma, tushunibroq ayt. Sen u haqda hech narsa bilmasding-ku? Qaerdan eshita qolding? Kim aytdi, senga uni murobit deb? — dedi dilidagini tashiga chiqarib.

Qora darveshning mitti koʻzlari oq zoldirdek aylandi:
— Kim emas, oʻsha safardan xabar topgan idora yoʻqladi, tushunding? Ularga yetkazishgan koʻrinadi. Men esam... — U yuz burib olib g‘udrandi, — hech vaqo bilmayman!
— Demak, Sen bizdan qattiq xafasan. Ranjigansan. Shundaymi? — dedi Bahriddin, ichi allaqanday xuvillab qolib. «Nahotki shunday odam sinib oʻtirsa?»
— Xafa? — kutilmaganda u tirilib, boyagidek ikki kiftidan silkiladi. — Men-a? — dedi xansirab. Soʻng qah-qah urib yubordi. — Voy, seni qara-yu!.. Qaytaga u gung-soqoving kimligini bilib, qay holga tushganimni soʻrasang-chi! Bilasanmi u kim?!
— Kim? — dedi Bahriddin ham uni jazavasidan hayratga tushib.
— Uning oldida oʻsha Andalusiyaga qochib borgan «Buyuk mujohid» kim boʻpti?! Yonimda shunday odam turib, vatanini deb, ahli ayoli, jigarporalarini deb, zimmasidagi shar’iy burchi — omonatini deb gung-soqov boʻlib boʻlsa-da, qora yukchi boʻlib boʻlsa-da, vatanga borishga jur’at etgan mujohid turib, men kimni kino qilmoqchi boʻlib yuribman?! U chinakamiga diyoridan, ahli-yoridan, xeshu aqrabolaridan judo boʻlgan odam-ku! Uning diyorga safari — zulm saltanati choklari muvaqqat, oʻzi muvaqqat ekanidan dalolat-ku. Olloh xohlasa, yolg‘iz mujohidiga qanday nusratlar ato eta olishidan bir nishona-ku bu safar! Tushunmadingmi shuni?! Men oʻsha idoradayoq tushunganman. Uning kimligini eshitganimdayoq tushunganman. Men nainki erkin fikrli, har narsaga Olloh nurila nigoh tashlay oladigan bir moʻmin, bir odamman, axir, ijodkorman, axir! Shu birodaringni yoqtirdimmi, shuni olaman! Sen buni tushun-da, uni topishga yordam ber. U yog‘ini oʻzimga qoʻyib ber. Koʻndirish mening ishim. Sen topishga yordam bersang, bas. Men uni tanib qoldim! Kimligini bilib qoldim! Onalar bunaqa mujohidni yuz yilda bitta tug‘adilarmikan, valloh a’lam. Rostingni ayt, topamizmi uni? — dedi nechanchidir marta uni silkilab.

Rosti, Bahriddin unga nima deyarini ham, qanday tushuntirarini ham bilmay qolgan, ammo haqiga koʻchmasa ham boʻlmas edi. Chiqmagan ;ondan umid.
— Xoʻp desang, asrdan keyinoq Makkaga, Oltinxon toʻramning huzurlariga joʻnaymiz. Bundan boshqa yoʻl koʻrmayapman, — dedi axiyri.
— Yaxshi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam masjiddarida namozni oʻqiymizu oʻshanaqasi joʻnaymiz,— dedi Qora darvesh ham bu fikrga qoʻshilib...

Ular supaga qaytisharkan, oʻsha ulug‘ masjid tomondan asrga chaqirib, azon yangray ketdiyu Bahriddin beixtiyor kunduzgi tushi, qir-adirlar osha doʻpir-doʻpir chopishgan chavandozlaru jiyronqashqani eslab, behol tortdi: «Astag‘firullohil a’zim, xovfida yangragan azon shulardan bir darak ekanmi?» deb oʻyladi. Chindan ham ilgarilari ham shunday boʻlmasmidi? Namozga turolmay qolgan kezlari... hovlida yo jom tushib, jangillab ketar, yo shoshqich birov derazani taqillatib qolar edi-ku. Hatto bir gal Sultonmurod aniq-taniq chaqirib kelgan edi. Chiqsa, hech kim yoʻq, faqat bomdodga ketayotganlarning qoralari koʻrinadi, xolos. Demak, ovoz bergan ham oʻsha, namozga uyg‘otuvchi farishta ekanmi? Qolaversa, ilgari zamonda kishilar zulm ustidan chiqib, yordamga ojiz qolsalar, azon chaqirib boʻlsa-da, mazlumni qutqarar ekanlar. Bu ham oʻshanga oʻxshabdi-da...

Yoʻlda tushini Qora darveshga aytib edi, u ham:
— Ana-ana, bundan ortiq yana qanday belgi bersin?! Qani edi hozir ham oʻsha tartib amalda boʻlsa,— deb qoʻshdi.
— Yaxshi-ku, lekin u azonni kim eshitib, kim adolat qilardi? — dedi Bahriddin.

Ana shunda Qora darvesh uni yelkasidan quchib:
— Eh, badavlat, badavlat! Hech kim eshitmasa ham jilla qursa Olloh eshitadi-ku! Olloh eshitgani kammi? — dedi yuzlari yorishib.
— Darvoqe-darvoqe, chindan ham uning adolati oldida bu dunyoning adolati nima boʻlibdi?! Avvalo, oʻsha adolatdan hech kim benasib qolmasin! Shu jumladan, Sultonmurod ham... Oʻzi uni panohida asrasin! — deya oldi Bahriddin birodarining samimiyatigayu soʻzlariga ta’zim qilib.

* * *

Ular yarim tunda Makkai mukarramadan Toʻram ziyo-ratlaridan qaytishar ekan, orqalaridan birinchi xabar yetib keldi. U zotning Turkiyadagi muridlari telefonda xabar qilishar edi:

«Toʻrt kun muqaddam janob jamiyatning shoʻ’basiga qaytib kelganlar. Yurtdan kelgan sayyohlar ila koʻrishishlari lozim boʻlgan. Shu orada ikki zanji mehmon shoʻ’baga tashrif buyurib, janob ularni havokentga kuzatib chiqqanlar. Oxirgi koʻrganimiz shudir. Janob shoʻ’baga ham qaytib kelmadilar. Yurtdan kelib, kutib yotgan sayyohlar bilan uchrashuvga-da bormaganlar. Barcha izlashlarimiz besamar ketmakda. Alloh oʻzi hifzu himoyasida asragan boʻlsin.

Soʻnggi ma’lumotni qoʻshamiz: oʻsha kungi mehmonlar Nayrobiga uchganlar. Samolyotda birorta ham oq tanli boʻlmagan...»

Bahriddin baralla ovozdagi telefonagrammadan soʻngoq, yalt etib hamrohiga qaradi. Bu xabardan tosh haykaldek qotgan Qora darveshga nihoyat jon bitib, mitti yuzlarini burib qaradiyu, taskinga muhtoj birodariga elanib tikildi:
— Uzr, jindek kechikibmiz. Biz oʻngarilguncha ular buyuk muhojirni oʻmarib ketibdilar. Ammo qotiribdilar, tushmagurlar! — dedi tizzasiga shappalab.
— Ularing kim? — deya oldi Bahriddin.
— Bu yog‘i sir, oshna, — dedi u kutilmaganda tilini toqillatib. Ketidan esa qoʻshdi: — Agar ulardan boshqa birov bu ishga jur’at etgan boʻlsa, bilib qoʻy, yerning tagidan boʻlsa-da, muhojirni topdiraman, sen bexavotir boʻl, — dediyu oʻrindiqqa tog‘ ag‘largan odamdek yastandi. Nimqorong‘i yoʻlda uning koʻzlari oq yog‘dudek yarqirab-yarqirab ketar edi.

Bahriddin beixtiyor kunduzgi tushini eslab, nechanchidir marta hayratga tushdi. Qarangki, oʻsha jiyronqashqani quvib yurgan chavandozlar ichida bironta ham qora tanli chavandoz yoʻq edi. Ular qaydan paydo boʻlib qoldilar? Tushuniksiz edi.

Taqdirning Achchiq Sinovlari («Judolik Diyori»ning Avvalgi Ikki Kitobiga Chizgilar.)

Istiqlol davri oʻzbek nasrida, ayniqsa, roman janrining ufqlari kengaydi. Nisbatan qisqa muddatda oʻnlab romanlar yaratildi. Ularning aksariyati oʻzbek xalqining oʻtgan XX asrdagi hayoti manzaralarini tasvirlashga bag‘ishlangan. Yozuvchi Murod Mansur «Judolik diyori» trilogiyasining birinchi (1998) va ikkinchi (2003) kitoblarini («Sharq» nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyatida) nashr etdi. Roman adabiy jamoatchilik va kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi.

«Judolik diyori» — ramziy nom. Oʻzbek xalqining XX asrdagi hayotida, ayniqsa, asrning birinchi yarmida ayriliqlaru judoliklar koʻp boʻldi. Minglab xonadonlarning ba’zi a’zolari Vatanda qolgan boʻlsalar, ba’zilari g‘urbatda g‘arib boʻldilar. Hatto Vatanda qolganlar ham qamoq, surgun, qatl, urush kabi musibatlar tufayli takror-takror yaqinlaridan ayrildilar. «Judolik diyori»da xalqimiz boshiga tushgan ana shu og‘ir sinovlarning keng manzarasi chizilgan. Asarda oʻzbek xalqining buyuk bardoshi, eng og‘ir davrlarda ham nomiga munosib tarzda oʻzligini saqlab qola olgani, yoʻqotishu ayriliqlardan yanada toblanib chiqqani badiiy mahorat bilan aks ettirilgan.

«Judolik diyori»ning birinchi kitobi voqealari yosh bola Maqsudxoʻja tilidan hikoya qilinadi. Shoirona qalb egasi ekanligi, tabiatni, hayotni, odamlarning turfa xislatlarini teran anglashi va yorqin boʻyoqlarda tasvirlashidan hikoyachi bola muallifning oʻzi ekanligi seziladi. Adib ajdodlari kechmishini, oʻzi koʻrgan-eshitgan voqealarni qalamga olgan, tug‘ilib oʻsgan, bolaligi kechgan manzil-makonlarni tasvirlagan. Shuning uchun ham asar jonli, tabiiy va samimiy chiqqan. Lekin bu samimiyat qatida qancha dard, qancha alam bor. Ayniqsa, poymol etilgan qadriyatlar, g‘orat qilingan tabiat manzaralari ayricha bir oʻrtanish, cheksiz alam-iztirob va ilojsiz sog‘inch bilan tasvirlanadi: «Kindik qonimiz toʻkilgan, necha pusht otalarimiz oʻtgan u diyordan hech vaqo qolmadi. Tuproq oʻsha-oʻsha, makon oʻsha edi-yu, lekin endi diyor yoʻq edi. Uni yodga soladigan bir oʻr yo qir, bir soy yo jilg‘a, bir qoʻrg‘on yo hovli qolmagandi».

Dastlabki boblar mutolaasi paytida oʻquvchi kitob Maqsudxoʻjaning bolaligiga bag‘ishlangan va u voqealar markazida turadi, degan xayolga ham boradi. Ammo bobdan-bobga oʻtgani sayin asarning bosh qahramoni Sultonmurod ekani anglashila boradi. Muallif bosh qahramonni koʻpam ta’rif-tavsif qilmaydi. Uni boshqalardan ajratib turadigan ayrim xislatlari Sultonmurodning xatti-harakatlari va boshqa personajlarning u haqdagi gap-soʻzlari vositasida yoritiladi. Uning oʻz nasl-nasabini unutmagani, quvg‘inga uchragan ajdodlarini ham faxr bilan eslab yurishidan manqurtlik avj olgan bir davrda Sultonmuroddek odamlar tufayli xalqning tarixiy xotirasi butunlay yemirilmay, davr boʻronlaridan koʻp narsani omon saqlab qololganiga amin boʻlamiz. Romanning faqat bir oʻrnidagina Sultonmurodning Oqsaroy va Goʻri Amirni ziyorat qilgani, Oloy malikasi Qurbonjon Dodxoh tarixi bilan qiziqqaniga ishora bor. Bundan koʻrinadiki, Sultonmurod faqat oʻz nasl-nasabidangina emas, balki jonajon xalqi tarixidan ham yaxshi xabardordir va uning ba’zi keskin, hatto zohiriy jihatdan oʻsha davr siyosati jinoyat deb baholaydigan xatti-harakatlari shunchaki alamzadalik oqibatida, koʻr-koʻrona boʻlmay, balki mustahkam ma’naviy asosga, chuqur mazmun-mohiyatga egadir.

Yozuvchi Rahimjon Otaev «Oʻtayotgan kunlar nafasi» maqolasida: «Sultonmurod, nazarimda, «Ustyurt voqeasi» qissasidagi Otamuroddan keyin Murod Mansur yaratgan eng jozibali qahramon», deb toʻg‘ri ta’kid-laydi. Sultonmurod va uning yigitlari haqidagi hi-koyalar haqiqatan oʻz vaqtida shunday bir guruh boʻl-gan-boʻlmaganidan qat’i nazar, ishontirarli, real zamindan sira uzilgan emas. Bu guruh amalga oshirgan tadbirlar oʻsha davrdagi mustabid tuzumga qarshi umumxalq noroziligining natijasi sifatida namoyon boʻladi. Oktyabr toʻntarishidan keyin bir qancha yillar davom etgan Turkistondagi milliy-ozodlik harakati, garchand bostirilgan boʻlsa-da, istiqlol g‘oyasi xalqning eng yaxshi farzandlari qalbini hech qachon tark etmagan. Mustabid hokimiyat zulmi eng avj olgan davr-larda unga turli vositalar bilan qarshilik koʻrsatish, hatto qurolli kurash boshlash kabi rejalar fikru xayolini band etgan odamlar boʻlgan, albatta.

«Judolik diyori» romanining fazilatlaridan biri— unda qahramonlarning maqsad-intilishlari oʻzbek xalqining milliy qadriyatlari va Islom dini nuqtai nazaridan yoritilganidir. Hatto yovuzlikka qarshilik koʻrsatilganda ham adolat mezonlari buzilmasin, biror kimsa nohaq jabr koʻrmasin, degan g‘oya ilgari suriladi. Bu hol, ayniqsa, og‘ir-vazmin, mulohazakor va taqvodor Nusratilla pochcha bilan dov-yurak, juvonmard, ammo qiziqqon va alamzada Sultonmurod oʻrtasidagi munozarada yaqqol koʻrinadi. Nusratilla pochcha zulmkor tuzumni yoqlamaydi, bil’aks, undan nafratlanadi. Ammo zulm va adolatsizlikka qarshi kurashga azm qilganlar ham har bir tadbiri Ollohga qanchalik xush kelishini mulohaza etishlari, salla oʻrniga kallani olmasliklari lozim, deb biladi.

Sultonmurod va Nusratilla pochcha munozarasi asarning eng ta’sirchan sahifalaridandir...

Yozuvchi romanda bir qancha oʻzbekona obrazlar yaratadi. Nusratilla pochcha, Haybat, Soli, Akmal, Chaman, Salomxon, Marg‘uba — har biri oʻz qiyofasiga ega. Oqila, mulohazakor, qanoatli, mehribon Salomxon falakning gardishi bilan tariqdek sochilib ketgan Ulug‘xoʻjaboy avlodlarining omon qolgan vakillari bir-birlari bilan ahil boʻlishlari, ajdodlariga xos diyonat, insoniylik, g‘urur kabi fazilatlarni saqlab qolishlarida katta oʻrin tutadi. Yoʻqotishlaru judoliklar uning qalbida oʻchmas jarohatlar qoldirsa-da, ayolning mustahkam irodasini sindirolmaydi. «Inson har yoʻqotganiga aza ochaversa, bir umr azador oʻtib ketadi-ku», deya u yaqinlarini sabr-toqatga, bor narsalarni asrab-avaylashga chaqiradi. Shuning barobarida, Salomxon yovuzlik va adolatsizlik qarshisida bosh egib turish tarafdori emas. U Sultonmurodning muayyan xavf-xatarlar bilan bog‘liq ishlariga xayrixoh. Boshiga mushkul ish tushib, kayvoni sifatida undan dalda va chora istab kelganlardan shirin soʻzi, joʻyali maslahatlari, qoʻldan kelgan yordamini darig‘ tutmaydigan ayol payti kelganda nobakor kimsalarga nisbatan g‘oyat murosasiz boʻla oladi. Salomxon oʻzbek onalarining Oʻzbek oyim darajasidagi yorqin adabiy obrazlaridan biri desak, mubolag‘a boʻlmasa kerak.

«Hammaning yashagisi keladi» («Ustyurt voqeasi») kabi tilga tushgan sarguzasht qissaning muallifi boʻlgan Murodjon aka «Judolik diyori»da ham sarguzasht unsurlarini qoʻllagani asarning yanada qiziqarli va oʻqishli boʻlishini ta’minlagan. Sarguzasht voqealarning bir turkumi sohibjamol Marg‘ubaning achinarli taqdiri bilan bog‘liq tarzda kechadi. Nikoh kechasi Marg‘uba baxtu visol evaziga musibat og‘usini tatiydi. Kuyov Bahriddin goʻshangaga kirishga ulgurmasdan, ta’qibchilardan qochadi. Kiyimlarini almashtirganlari tufayli, uning oʻrniga joʻrasini oʻldirishadi, ammo qotillar jasadni tanimay «Bahriddin» deb koʻmib yuborishadi. Oʻzi nikohida boʻlgan odamning tirikligidan bexabar Marg‘uba muayyan vaqt oʻtgach, Sultonmurodga koʻngil qoʻyadi. Oshiqi beqaror Sultonmurod ham visol xayoli bilan masrur. Ta’qiblar kuchaygach, u ikkinchi bor oʻz ixtiyoriga qarshi Haybatga uzatilayotgan Marg‘ubani olib qochib, Vatanni tark etadi. Xorijda boʻlsa-da, ular bir-birlariga yetishib, baxtli turmush qursalar kerak, deb oʻylagan kitobxonning xayollarini birinchi kitob oxirida Maqsudxoʻjaga chet eldan yetgan xabarlar ostin-ustun qilib yuboradi. «Sultonmurod Marg‘ubani birinchi nikohidagi kishiga yetkazishga jazm etibdi va Olloh bu ishni oʻziga taqdir qilganiga shukronalar aytibdi»...

«Judolik diyori»ning ikkinchi kitobi hajmi kattaroq va mutolaasi ham bir muncha murakkab. Birinchi kitobda voqealarni asosan roviy Maqsudxoʻja hikoya qilsa, ikkinchida — ayrim boblar muallif nutqi vositasi, bitik, maktub va kundaliklar tariqasida bayon etiladi. Zamon ham oʻzgarib, tasvir jug‘rofiyasi ancha kengayadi.

Yana bir oʻzgarish shuki, asarning bosh qahramoni Sultonmurod voqealarda kam qatnashadi. Zamon taqozosiga koʻra, u yaqinlaridan uzoqda yashirinib yurishga mahkum. Ammo muallif mahoratiga tahsin aytish lozimki, Sultonmurodning bosh qahramonligiga zarra shikast yetmagan. Zohiran u kam koʻrinsa-da, botinan Sultonmurod nomi asarni oʻz atrofida aylantiruvchi oʻqdir. Asar voqealari bosh qahramon taqdiriga chambarchas bog‘liq holda kechadi. Uning nomi va dovrug‘iga hech kim befarq emas. Bu nom odamlarda hayajon, sog‘inch, iztirob, iftixor, g‘urur, hayrat, muhabbat, mehr, umid, ba’zi kimsalarda esa, xavotir, qoʻrquv, vahima kabi xilma-xil his-tuyg‘ular uyg‘otadi. Uning qaerdaligi hech kimga ma’lum emas, ammo paydo boʻlib qolishini intiqlik bilan kutadilar va bu hissiyot kitobxonga ham yuqadi. Nuroniy Hoziq toʻraning «Qadrdonimiz, bizning Botur», deya eslashi Sultonmurodga berilgan yuksak bahodir.

Kitobxon uchun kutilmagan, ta’bir joiz boʻlsa, uni «ranjitadigan» hollardan biri shuki, birinchi ki-tobda beqiyos mehr-muhabbat bilan tasvirlangan Mar-g‘uba (suyukli Marg‘u kennoyi) kitobda deyarli koʻrinmaydi. Unga ikki tomchi suvdek oʻxshash Sultonmurodning ikkinchi vafodor yori Mahfuza siymosi kitobxon uchun bu «yoʻqotish»ning oʻrnini bosadi. Xullas, Mar-g‘uba obrazi birinchi kitobga chuqur lirizm bag‘ishlagan boʻlsa, ikkinchi kitobning malikasi Mahfuzadir.

Sarguzasht unsurlari romanning navbatdagi kitobida ham yetarli. Yodgorning oʻrniga Akbaralining oʻg‘irlanishi, Tangritog‘ diyoridagi kechmishlar, Sultonmurod va yigitlarining Hoziq toʻrani olib ketish uchun chegara osha kelishlari shular jumlasidandir. Asarga yangi olib kirilgan Hoziq toʻra obrazi uning salmog‘i, tarixiy va falsafiy jihatlarini chandon oshirgan. Muallif oʻzining tasvir uslubiga sodiq qolib, moʻ’tabar inson Hoziq toʻraning oʻtmishi haqida batafsil ma’lumotlar keltirmaydi. Ammo ba’zi ishoralar, masalan, bir personajning uni Imom Shomilga mengzashidan, Hoziq toʻraning prototipi Alixon Toʻra Sog‘uniy ekanligi kitobxonga ayon boʻladi. Muallif kitobxon Sog‘uniyning hayot yoʻli va asarlaridan xabardorligini hisobga olgan.

Muallif qahramonlarning yirik tarixiy voqealardagi ishtirokini batafsil tasvirlashni maqsad qilib qoʻymaydi. Koʻproq ularning ruhiyati tahlili, tarixiy voqealarning ular xotirasida qoldirgan oʻchmas izlari, ongida yasagan oʻzgarishlarga e’tibor qaratadi. Bu, albatta, adabiyotimizda insonning ichki dunyosi tasviri birlamchi ahamiyat kasb etayotgani bilan bog‘liqdir.

Romanning eng iztirobli sahifalaridan biri Hoziq toʻraning «xumdek boshi ustarada qirilgan nor-g‘ul» rahbar bilan suhbatidir. Norg‘ul rahbar oʻzining mustabid tuzumga sadoqatli xizmatini oqlashga urinadi: «Biz Uning oldida kimmiz? Xohlasa, chivinday ezg‘ilab tashlaydi, xohlasa, kaftida koʻtaradi. Ilojimiz, qancha?». «Sen kichkina odamman desang, men kimmanki desam, qachon odam boʻlamiz oʻzi?» — deydi unga javoban Hoziq toʻra qalbi sidirilib oqib.— Bormi oʻzi bu yurtda el uchun boshini tika oladigan bir inson?!».

Asarning asosiy falsafiy g‘oyalaridan biri shuki, har bir kishi yaratilishidan ezgulikka moyil. Odamlar orasida adashganlari bor, ammo insonlik qiyofasini butunlay yoʻqotgan tuzalmas nobakorlar boʻlishi mumkin emas. Ollohning izni bilan bundaylarning ham mudroq vijdonlari uyg‘onmog‘i, ular tavba-tazarru’ qilib, ezgulik tomon yuzlanib, yaxshi amallari bilan oʻzlarining avvalgi gunohlarini, qisman boʻlsa-da yuvmoqlari mumkin va lozim. Insonning zalolatdan xalos topishga intilishi va, alal-oqibat, bunga erishishi «Judolik diyori»da bir necha kishi taqdiri orqali koʻrsatilgan. Mashhur oʻg‘riboshi Parpi toʻg‘riboshiga aylanib, bir paytlar oʻzini sharmandali jazoga mahkum etgan Sultonmurod izidan ketadi va shu tufayli elu yurtning duosini oladi. «Oʻg‘ri qarisa soʻfi boʻladi» tarzida xoʻjakoʻrsinga emas, balki chin dildan tavba qilib, imon keltirib qiladi bu ishlarni.

Asardagi bu xil ruhiy evrilishlar kam uchraydigan hodisa boʻlib tuyulishi mumkin. Ammo mutlaqo imkonsiz ham emas. Boshqacha sharoitda hech kimga ozor bermay risoladagidek hayot kechirishi mumkin boʻlgan kishi, taqdir taqozosiga koʻra, beixtiyor ravishda yovuz tuzum xizmatiga tortilib, gunohsiz odamlarga jabr qilishi, hatto qoʻli qonga boʻyalishi mumkin...

Sharqona qadriyatlar — qarindosh-urug‘lar oʻrtasidagi mehru oqibat, rasm-rusumlar, urf-odatlar, an’analar asarda juda goʻzal ifodalangan. Mehmon kutish va diydor koʻrishgandagi soʻrashishu mulozamatlar maromiga yetkazib tasvirlangan: «Uyimizni toʻldirib oʻtiribsizlar», «Biram yarashib oʻtiribsizlar» yoki uzoq vaqt koʻrmagan jiyani bilan uchrashgan ayol: «Bormisan, bolam?! Bir yarashib turibsan, qara, ota yurtlarga. Koʻkqarg‘ani koʻrib, odam bunchalar quvonmaydi, kelganing rost boʻlsin, ilohim, bolam. Shu aziz yerlarda unib-oʻsgin. Ruhlar shod boʻlsin. Kel, bolam, kel, — deb bag‘riga tortib, kuraklarini silab koʻrisha ketdi».

Romanning tili maroqli, ohorli tasvir-tashbehlarga boy, uslubi ravon, sodda. Toshkent shevasi boyliklari, xalq tili va bolalar nutqidan samarali foydalanilgan. Adib hamma narsani oʻziga mos sifat, oʻziga xos obrazlar orqali tasvirlaydi. Uning tashbehli tasvirida olmazorlar oʻsmarang-u, yong‘oqzorlar surmarang; behilar bukri kampirni esga soladi; qiyg‘os gullagan shaftoli boshiga gulli roʻmol tashlab, salomga chiqqan kelinchakka oʻxshaydi...

Adabiyotshunos olim Naim Karimov Oybekning «Bolalik» qissasiga yozgan soʻngsoʻzida: «Biz va, ayniqsa, keyingi avlodlar XX asrning 10-yillaridagi Toshkentni va, umuman, oʻzbek xalqining hayotini bundan keyin Oybek xotiralari orqali koʻz oldimizga keltiramiz», deb yozadi. «Judolik diyori» romanida esa, zilziladan oldingi Toshkentning Yakkabog‘, Qatortol, Novza, Choʻponota, Izza soyi, Achchi qirlari kabi soʻlim goʻshalarining yorqin tasvirlari berilgan.

Asarda koʻp hikmatli soʻzlarga ham duch kelamiz. Bu hikmatlarning ba’zisini muallif xalqdan olgan boʻlsa, ba’zilarini oʻzi kashf etgan. Bular muallifning hayotni, odamlarni koʻp yillar davomida kuzatishi natijasida kelgan xulosalari, umumlashma fikrlari: «Kekdan hech kim koʻkarmagan», «Mador yig‘aman degan kishi murosa qiladi», «Oʻzi emas, taqdiri koʻhlik boʻlsin», «Urgan qoʻl emas, silagan qoʻl kuchli dunyoda», «Yurtda toki bitta yigit or-nomus uchun kurashar ekan, demak, hali yurt boy berilmagan»...

Tabiiyki, roman ba’zi qusurlar, mavhumotlardan ham xoli emas. Birinchi kitob voqealari asosan urush paytida kechgan boʻlsa-da, oʻsha davr mashaqqatlari, bevosita urush bilan bog‘liq tarzda xalq kechirgan fojialar tasviriga yetarli oʻrin ajratilmagan. Ehtimol, bu holning sababini voqealar yosh Maqsudxoʻja tilidan hikoya qilinishi bilan izohlash mumkindir. Chunki har bir kishi oʻz bolalik paytlarini eslar ekan, undagi yorqin, jozibali tomonlar koʻproq xo-tirada qayta jonlanadi, oʻsha paytda boshdan oʻtgan qiyinchiliklar bir qadar unutilgan boʻladi.

Asarda payhon qilingan bog‘u boʻstonlar, bolalik bilan bog‘liq tabiat goʻshalari tasvirlarida ba’zi qaytariqlar ham mavjud.

Oʻzbeklikka xos qadriyatlarni tasvirlashda ba’zan me’yor unutilib, ideallashtirish darajasiga borilgan, nazarimizda. Muallif nazdida, oʻzbekning maishiy hayoti ham yer yuzida eng zoʻr boʻlib, qiyosini faqat jannatdan topish mumkin: «Yaxshiyam oʻzbekning toʻy-hashami, aqiqayu ehsoni bor... shu bahona yig‘iladilar, diydor koʻrishadilar, hol-ahvol soʻrashadilar. Kelolmagan qariyalarning omonat salomlari, duoyu tilaklarini yetkazadilar. Chindan shu xalqqa mansubligingdan, oqibatni, qarindosh-urug‘dan xabar olishni unutib qoʻymaganingdan ichingdan bir g‘urur tuyib ketasan. Olloh seni shu toifadan etganiga (anuv ota-onasini tashlab, begona yurtlarga tentirab ketavuradiganlar toifasidan qilmaganiga!) shukronalar aytasan»...

Ayrim juz’iy kamchiliklardan qat’i nazar, «Judolik diyori» bir necha qissa va romanlar muallifi Murod Mansurning bosh asari va mustaqillik davri oʻzbek adabiyotining salmoqli yutuqlaridan biridir, deb aytishga haqlimiz. Romanda mustamlaka davrida ham ozodlik g‘oyasi xalq dilida yashagani, sadafda dur yetilganidek, xalq bag‘ridan muqarrar ravishda shijoatli, imonli, vatanparvar, mustaqil odamlar yetishib chiqishi badiiy tarzda aks ettirilgan.

Romanning ikki kitobi nashr etilgan boʻlsa-da, u hali tugallangan asar emas. Ikki kitob mutolaasi jarayonida amin boʻldikki, «Judolik diyori» ta’sirchan muloqotlar hayajonli va unutilmas uchrashuvlardan xoli emas. Eng goʻzal diydorlar, sog‘inchli suhbatlar ayni uchinchi kitobda boʻlsa ajab emas!

Gʻulom Karim.
III- qism
 
Keyingi