OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMurod Muhammad Doʻst
Asar nomi«Ajdodlarni tinch qoʻyaylik»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Murod Muhammad Doʻst
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Adabiy suhbatlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Ajdodlarni tinch qoʻyaylik»
Murod Muhammad Doʻst

– Murod aka, suhbatimizni adabiyotdan boshlasak. Yangi asarlaringiz koʻrinmay qolganiga ham ancha boʻldi...
– Odamzod koʻp narsani koʻrib-bilib boravergani sayin yozishi ancha qiyinlasharkan. Avval yozganlarim ham, endi yozadiganim ham mayda, arzimas boʻlib koʻrinaveradi – shunisi yomon. Balki bunga yoshlik gʻayrati, avvalgi zavqu shavq yoʻqolgani sababchidir...

Umr boʻyi, zamona bilan barobar odimlayapman, deb oʻylar edim. Bugun, yosh bir joyga borib qolganda koʻnglimda eski aqidalar ustunroq ekanini angladim. Albatta, yangi zamonga munosib emasligimdan uyalaman, lekin nachora... eski qarashlardan butkul xalos boʻlishning iloji yoʻq. Qolaversa, yangi zamonni buyuk hayajon bilan kuylayotgan tengqurlar va yosh doʻstlarimizga yetib olishim juda qiyin. Shu sabab, ochiq tan olishim kerak, yangicha qahramonlarni, yangicha qarashlarni qalamga olmaslikka harakat qilaman. Albatta, ogʻizga suv solib oʻtirganim yoʻq, koʻhna realistik yoʻsinda, oz-ozdan boʻlsa-da, yozyapman. Xudo umrdan qismasa, oldinroq boshlab qoʻyilgan jiddiyroq narsalarimni oxiriga yetkizaman. Uch-toʻrt hikoya yozib tashlab qoʻydim. Sal oʻtib, qaytadan oʻqib koʻraman. Balki bir-ikkitasini chop etishga jur’atim yetar...
– Bir qaralsa, kitoblar yozilayotganday, ilgarigiday yuz minglab nusxada boʻlmasa-da, chop etilayotganday. Lekin baribir adabiyotning ilgarigi shashti koʻrinmaydi. Bu nima bilan bogʻliq: ijod ahlining mavjud maishiy qiyinchiliklar oqibatida tirikchilik bilan andarmon boʻlib qolgani bilanmi yoki vujudga kelgan voqelikni qayta baholash qiyinchiliklari bilanmi? Barcha zamonlarda ham adabiyotning hayotga munosabat mezonlari bir xil boʻlmaydimi?
– Ijod ahlining shaxti pastligining sababi bitta – moddiy qiyinchilik. Eski zamonda adabiyot yozuvchining tom ma’noda tirikchiligi, yashash tarzi edi. Yozardi, chop etardi, evaziga qalam haqini olardi. Va ayni asnoda dilida tugib yurgan bir-ikki gapini ham aytishga ulgurardi. Bazisi, ustqurmasi, mafkurasi va boshqa – bugunda la’natdan oʻzga narsaga munosib koʻrilmaydigan – balo-qazolaridan qat’i nazar, kechagi kunda yozuvchida oʻzini adabiyotga butkul bagʻishlash imkoniyati bor edi.

Endilikda adabiyotni kasb tutgan odamning kun kechirishi qiyin. Ayniqsa – yelkasida ortmogʻi boʻlsa. Xotin, bola-chaqa va hokazo... Bu ahvol oʻtkinchi deb oʻylayman. Jamiyat ma’rifati va oʻrtacha turmush darajasi oʻnglangan paytda yana hammasi izga tushadi.

Adabiyot, umuman, haqiqiy san’at – insoniyatning tuzalmas dardi. Va uning mezonlari hech qachon oʻzgarmaydi: oq – qora, yaxshi – yomon, adolat – qabohat, muhabbat – nafrat..

«Odisseya» bilan «Alpomish»ning uyqash taraflarini bir oʻylab koʻraylik. Ikkovining orasida necha-necha asr yotibdi. Deylik, Tomas Mann «Yusuf va birodarlari» romaniga qoʻl urmasdan avval Injil va boshqa nasroniy matnlarni juda koʻp titgani aniq, lekin «Alpomish»ni doʻmbiraga solgan sahroyi baxshining Homerni oʻqishi tugul, eshitganini ham tasavvur etolmaysiz.

«Odisseya» ayricha, «Alpomish» ayricha tugʻilgan. Protosyujet deganlari shu. Ilm ahli aytishicha, syujetlar, mavzular soni, nari borsa, oʻndan oshiqroq boʻlarkan. Ogʻzakiyu yozma adabiyot, necha ming yillardan beri yashab oʻtgan va bugun yashayotgan shoir va yozuvchilarning hammasi sanoqli syujetni qaytadan hikoya qilish bilan ovora. Quyushqonni uzib tashqariga chiqib ketgani yoʻq. Baholashda farq boʻlishi mumkin. Milliy muhit, milliy axloq ta’sirida berilgan baho asarning qadrini yoʻqotmaydi, lekin mafkura ta’sirida berilgan baho uni oʻldirishi mumkin. Isbotini uzoqdan izlash shart emas, biz bilgan milliy «klassik»larning axlat qutisiga tiqib tashlangan tom-tom asarlari...

Bugungi yozuvchi va shoirlarda jur’at yetishmaydi. Voqealarga, aniqrogʻi, Siz aytmish voqelikka beradigan baholarimiz rasmiy baho yoki talqinga zid kelib qolishidan choʻchiymiz, shekilli. Bilmaymizki, voqelikka baho berish uchun baqirib-chaqirish, ayyuhannos solish shart emas. Buning uchun alohida toifa – huquq himoyachilari (negadir ularni «huquqxoʻr» deb atagim keladi) mavjud. Bizning vazifamiz – voqelikni badiiy idrok etish, xolisona, bosiqlik bilan badiiy idrok etish. Shoʻrolar zamonida yozilgan va bugun yashab kelayotgan koʻpchilik yaxshi asarlar shu yoʻsinda bitilgan.
– Yaqinda yozuvchi Hamid Ismoil bir vebsaytga bergan intervyusida oʻzbek adabiyotidagi 3-4 ta arxetip darajasiga koʻtarilgan obrazlar qatorida «Lolazor» romaningiz qahramoni Yaxshiboyevni ham sanab oʻtdi...
– Hamid Ismoilning Yaxshiboevga bergan bahosiga mening ham koʻzim tushdi. Oʻylashimcha, Hamidjon oshnalik yuzasidan oshiqcha lutf etganday. «Arxetip» yoki «arxitip» soʻzi oʻrischaga «pervoobraz» deya oʻgiriladi. «Avval misli boʻlmagan» degan ma’nosi bor. Balki Yaxshiboev obrazi ma’lum darajada yangi boʻlishi mumkin, lekin bu sifatni taltaymasdan, joʻnroq qabul qilgan ma’qul. Dunyo adabiyotida arxetip boʻlmagan yuzlab goʻzal obrazlar borki, ularning mualliflarini taqlidchilikda ayblash bugun hech kimning xayoliga kelmaydi. Masalan, Sharq poeziyasidagi Farhod obrazi...
– Bugungi oʻzbek adabiyoti jahon adabiy jarayonlaridan uzilib qolmayaptimi? Oddiy bir misol. Keyingi 4-5 yilda Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan Jan-Mari Gyustav Leklezio (Frantsiya), Doris Lessing (Buyuk Britaniya) Oʻrxon Pamuq (Turkiya), Garold Pinter (Buyuk Britaniya) singari yozuvchilarning asarlarini oʻqish u yoqda tursin, nomini eshitgan oʻzbek yozuvchi yoki shoiri ham kam. Albatta, men bu bilan ularning har biri klassik yozuvchi degan fikrdan yiroqman...
– Alam qilsa-da, tan olishimiz kerak: milliy adabiyotimiz jahon adabiy jarayoniga faol qatnashchi boʻlib kirolgani yoʻq. Albatta, yaxshi asarlarimiz xorijiy tillarda chop etilgan, maqtov olgan, lekin birorta shoir yoki yozuvchimiz, deylik, Chingiz Aytmatovga oʻxshab dunyo badiiy tafakkuriga jiddiy ta’sir koʻrsata olgani yoʻq. E’tiroz bildiruvchilar son mingta: Navoiy, Bobur... eposimiz... dunyoga dovruq taratgan yana qancha va qancha asarlarimiz bor-ku?! Toʻgʻri, dunyo adabiyotida ularning oʻrni bor. Lekin Navoiy bilan Boburning oʻtib ketganiga qancha boʻldi!

Umuman, milliy faxr borasida bizga yetadigan millat topilmasa kerak. Tariximizni maqtayverib, nazarimda, ajdodlarimiz ruhini ortiq darajada bezovta qilib yubordik. Buyuk oʻtmishga mehrimiz shu qadar kuchliki, ba’zida bugungi kun esimizdan chiqib ketadi. Bilmadim, xudo karomat koʻrsatib, ulugʻ ajdodlardan birortasi tilga kirsa, balki, bizdan boshqa tashvishlaring yoʻqmi, oʻzlaringni oʻylasalaring boʻlmaydimi, boʻtaloqlarim, deb aytgan boʻlarmidi...

Menimcha, mavzuni torroq qilib, oʻzbek oʻquvchisining dunyo adabiy jarayonidan nechogʻli xabardor ekanidan gapirganimiz tuzuk. Oʻylab koʻrsam, Siz tilga olgan ijodkorlardan Leklezioning «Sahro» romanini ancha oldin tasodifan oʻqigan ekanman. Voqealari, mavzusi bugun yodimda yoʻq. Lekin Oʻrxon Pamuqni atay oʻqiganman. Oʻzimizga yaqin bilib, alohida mehr bilan oʻqiganman. Menga uning «Qora kitob»i ma’qulroq. Bilim, katta mehnat va mahorat bilan, katta shavq bilan yozilgan roman. Afsuski, bu yaxshi yozuvchining Nobel mukofotiga qoʻyilganidan keyin qilgan bir-ikki siyosiy bayonoti yoqmadi. Gap Pamuqning siyosiy qarashlarida yoki bergan bayonotlari toʻgʻri-notoʻgʻri ekanida emas, balki bu qarashlar ayni Nobel mukofotini berish arafasida va oxirgi roʻyxatga kirish ilinjida oshkor qilinganida. Qolgan ikki «nobelchi» muallifning otlarini eshitganman, lekin oʻqiganim yoʻq.

Umuman, siz haqsiz – yozuvchining qadri Nobel mukofotini olgani bilan oʻlchanmaydi. Aksar yozuvchi mukofot olish uchun emas, aqalli bitta yaxshi kitob yozish uchun yashaydi. Nomlari bizga juda tanish ikki kamtar yozuvchi Fozil Iskandar bilan Grant Matevosyanni oling. Ular qaysi nobeldor yozuvchidan kam? Toʻgʻrisi, bu mashhur mukofotni berishda ham gʻirromlik borday. Asarga baho berishda biryoqlamalik – badiiy qimmatni ovroʻpocha an’analarga sadoqat mezoni bilan oʻlchash aniq seziladi. Adabiyotni chetga surib, Begin yoki Arafatga berilgan tinchlik mukofotlarini eslab koʻring, bu holat sogʻ fikr nari tursin, joʻngina mantiqqa ham zid emasmi? Ular boshida turgan urush hali toʻxtagani yoʻq-ku?

Shu kunning kitobxoni kimlarni oʻqishini yaxshi bilmayman. Har holda, Paulo Koelo yoki Xaruki Murakami kabi puflab shishirilgan «daho»larga mahliyo boʻlayotgan odamlar koʻp deb eshitaman.

Bugungi oʻquvchi tasarrufida bizning avlod tasavvur ham etolmagan katta imkoniyat – Internet bor. Xohlagan tilida xohlagan asarini oʻqishi mumkin.

Yana bir muhim masala. Zamona zayli bilan oʻzbek kitobxoni jahon adabiyoti bilan asosan rus tili vositasida oshno boʻldi. Istibdod zamoni ortda qoldi, lekin rus tili ochib bergan eshik ochiqligicha turibdi. Bizda til biladigan katta tarjimonlar barmoq bilan sanarli, lekin ruslarda uch-toʻrt asr davomida shakllangan va gʻoyat rivojlangan tarjima maktabi bor. Mahdudlikka berilib, bu imkoniyatdan voz kechmasligimiz kerak. Afsuski, rus tilini biladigan yoshlar tobora kamayib ketyapti – ularning inglizchasi, nemischasi yoki yaponchasi xiyla mukammal. Ilgari rusifikatsiyani, ya’ni ruslashtirish siyosatini yomon koʻrardik. Lekin bugun rus tilining oʻzbek tiliga siyosiy raqobati yoʻq. Endi u bir vosita, kerakli vosita. Bizda milliy tarjima maktabi yuzaga kelishi uchun koʻp vaqt va mablagʻ zarur. Hozircha, milliy adabiyotning oʻzi tuzukroq yordamga muhtoj. «Sharq yulduzi», «Zvezda Vostoka», «Yoshlik» kabi adabiy jurnallarimizning taqdiri omonatroq boʻlib turganidan bilaverasiz.
– Siz mansub avlod vakillari atrofga faqat ayrim yozuvchilarning koʻzoynagi bilan qarashga oʻrganib qolgan adabiyotga dunyo adabiyoti eshiklarini ochib berdi. Keyin she’riyatu nasrda turli eksperimentlar davri boshlanib ketdi. Haligacha oʻsha ta’sirdan qutulolmay tili oʻzbekcha boʻlsa-da, fikrlash tarzi, uslubi taqliddan iborat boʻlib qolayotgan ijodkorlar bor. Dunyo adabiyotini puxta bilishingizga qaramasdan Sizda oʻsha ta’sir umuman sezilmaydi. Oʻqigan-bilganlaringizni asarlaringizga qanday singdirasiz?
– E’tibor berganmisiz, Abdulla Qahhor domlaning «men dunyoga Chexov koʻzoynagi bilan qaradim» degan soʻzlarida rosmana gʻurur seziladi. Bugun men alam bilan oʻylaymanki, koʻzga surtgan toʻgʻrisoʻz yozuvchimiz shu gaplarni zamonasozlik yuzasidan aytganida qanchalar yaxshi boʻlardi! («Az tahi dil choʻqindingmi yoki mazmuni zamonasozliqmi?» – Abdulla Qodiriy, «Kalvak Mahzum».)

Taqlid deganlari dunyo turguncha turadi. Aslida taqlid ham – ilmning bir turi, ibtidoiy bosqichi. Gap bu bosqichdan eson-omon oʻtib olishda. Yozuvchining kitob oʻqib kitob yozgani darrov bilinadi. Lekin mumtoz asarni oʻqib, keyin uni butkul esdan chiqarib, ana undan keyin oʻzining kitobini yozsa edi, muallif bir zamonlar taqib koʻrgan koʻzoynak kimniki ekanini sezish qiyin boʻlardi.

Ovoz yozish jarayonida yaxshi atamalar bor. Original – master-nusxa, qolgan hammasi – birinchimi yoki minginchimi – joʻn nusxa. Haqiqiy talant hech qachon arosatda qolib ketmaydi, baribir oʻz yoʻlini topadi – irkit oʻrdakcha koʻrkam oqqushga aylangani kabi!

Tabiiyki, taqlid va oʻrganish davrini choʻzib yuborgan noshud kishi oddiy epigonga aylanadi. Buni aniqroq tasavvur etish uchun zamona hofizlari ahvoliga bir qarang. Biri Ma’murjon Uzoqov boʻlib, ikkinchisi Faxriddin Umarov boʻlib xirgoyi qiladi, muxlis orttiradi, hatto unvon oladi. Fojia shundaki, ular oʻzlarining original emas, ikkinchi darajali nusxa ekanliklaridan uyalish u yoqda tursin, maromiga yetkazib taqlid qilishlaridan faxrlanadi.

Sherali Joʻraev yoʻlini tutgan bir ukamiz bor. Ba’zida «bu ukamiz Sheralining qoʻshigʻini Sheralining oʻzidan zoʻrroq aytadi», deb hazil qilamiz. Lekin u kinoyani sezmaydi, pichingni yuksak maqtov deya qabul qiladi.

Ijodiy eksperimentlar juda kerak. Ularning eng sara namunalari milliy adabiyotning tarkibiy qismiga aylanishi ham mumkin. Barmoq vazni oʻzbek nazmiga yot – begona, degan gaplarni bugun kim eslaydi? Kim bugun gʻazal shaklida she’r yozyapti? Mayli, yozayotgan ham boʻlsin, lekin shaklga qaytadan jon bergan, yangicha mazmun bagʻishlagan namunalar bormi oʻzi?

Bizning avlod vakillari koʻp oʻqigani rost. Shu sabab, birimiz Heminguey, birimiz Selinjer, yana birimiz Garsia Markes boʻlib yozgan chogʻlarimiz koʻp boʻlgan. Apolliner, Bodler, Nozim Hikmat, Garsia Lorka, Uitmen, Eliot va boshqa oʻnlab-yuzlab goʻzal yozuvchi va shoirlar aqlimizni olgan paytlar edi. Ajnabiy yozuvchilar chetda tursin, oʻzimizning Shukur Xolmirzaev yoki Oʻtkir Hoshimovga oʻxshab yozadigan «xashakiroq» (biz shunday deb oʻylardik) oshnalarimiz qancha edi. Yanglishmasam, Shukur akaning oʻzi ham bir fasl Ernest Hemingueyning «telegraf» uslubini oʻzbekcha isloh qilishga urinib koʻrgan edi. Yoʻq, ustozimiz keyin yana oʻzining surxon ulusiga, choriboy va panjiboylar davrasiga qaytdi va juda toʻgʻri qildi. Va bugun bizlar Shukur akadan juda koʻp narsalarni oʻrgandik, deb aytmasak gunohi azim boʻlur edi. Umuman, Shukur aka rahmatlining eng katta xizmati oʻzbek nasrini osmondan yerga olib tushganida.

Mening taqliddan qutulishim oson kechgan. Moskvada oʻqib yurardim. Shavkat Rahmon yoki Sobit Madalidan boshqa suhbatlashadigan odam yoʻq. Isfandiyor esa faqat oʻrischa gapiradi. Nachora, yolgʻizlikdan zerikib, yozgan narsalarimni ovoz chiqarib oʻqishni oʻrgandim. Jiddiyroq quloq tutsam, ba’zi jumlalar oʻrischadan tarjima qilinganday... yana bir jumlaning ohangi gʻalatiroq... xullas, qahramonlarimning odamga oʻxshab gapiradigani kam ekan. Bor-yoʻgʻi shu. Oʻshal zamondan boshlab, qahramonlarimni odamga oʻxshab gapirishga oʻrgata boshladim.

Rahmatli Mashrab Boboevning bitta zoʻr gapi bor edi. Jumlada gʻalizlik topsa bas, «Endi, ogʻayni, oʻzbek bunday gapirmaydi-da», deb kuyunar edi. Shu sabab, yangi narsani avval Mashrab akaga oʻqitib olardik. Rahmatli Vahob Roʻzimatov domla beoʻxshov jumlani oʻqisa bas, avzoyi oʻzgarib, ortidan bir «sasirdi»ki, uning gʻazabidan qoʻrqmagan yozuvchi zoti yoʻq edi. Aytgan gapi yoqmasdi, lekin saboq oʻrniga oʻtardi. Soʻzni juda teran his etadigan zukko va shinavanda muharrir Nizomxon aka Komilov ham yoshligimizda bizga koʻp marhamat koʻrsatgan. Vahob Roʻzimatovning sadoqatli shogirdi, qadrdon doʻstim va «qattol» muharririm yozuvchi Erkin A’zamov bilan alohida «hisob-kitobi»miz bor. U men faqirga turfa azoblar berib, opkelgan qoʻlyozmalarimdan butun-butun boblarni olib tashlaganki, bugun endi minnatdor boʻlib eslayman.
– Asarlaringizda kinoya ustuvor. Bu, ayniqsa, zikr etilgan qahramoningiz Yaxshiboev obrazida boʻrtib koʻrinadi. Lekin qoʻgʻirchoqboz Yaxshiboev bilan Oliyaning «bir-birini koʻzyoshiga belanib suyishi» romanning goʻzal, shu bilan birga Yaxshiboev xarakteriga unchalik mos boʻlmagan boblaridan biridir...
– Toʻgʻrisini aytsam, «Lolazor» romani, bor-yoʻgʻi, ikki jumlaga joy topish uchun yozilgan. Birinchisi – «osmon mezonlardan yiltirab yotardi», ikkinchisi – Siz iqtibos etib keltirgan gap: «alar bir-birini koʻzyoshiga belanib suydilar». Har ikki jumla ham romandan oldin tugʻilgan. Ularni yurakka mahkam bosib, asrab-avaylab yurganman. Vaqti kelib, biriga roman muqaddimasida, unisini oʻzim eng yaxshi koʻrgan bobga tushirib, ortidan dunyo topgan tentakday quvonganman.

Umuman, men muhabbat borasida yozmaslikka harakat qilaman. Muhabbat deganlari shu qadar buyuk va nozik tuygʻuki, unga munosib qahramonlar va ular aytadigan soʻzlarni topish oʻzi qiyin. Kamtarlikdan boʻlmasa ham iqror boʻlishim kerak: Siz aytmish bobdagi Yaxshiboev aslida men oʻzimman.

Men Yaxshiboevni fosh etish uchun yozgan emasman. Toʻgʻri, undan kulgan paytlarim boʻlgan, lekin hech qachon mazax qilmaganman. Umuman, matnda ham oshkor aytilganki, «Lolazor» – oʻnglanmagan taqdirlar romani. Yaxshiboev ham, Oshno ham boshqacha odamlar boʻlishi mumkin edi. Ularda tanlov huquqi bor edi va ular bugungi taqdirini tanladilar. Yaxshiboevni oqlaydigan yagona narsa –Oliyaga muhabbati. Bu muhabbatda gʻirrom yoʻq. U Oliyani qutqarish uchun oʻzini sotdi – Oshno va boshqalar (Muhsina xonim, Muyassar xonim va hokazo bugungacha yashnab-yashab kelayotgan davlat xonimlari) tanlab bergan yoʻldan chiqib ketolmadi. Koʻngilda katta alam qoldi. Balki shuning uchun ham keyinchalik Yaxshiboev qoʻgʻirchoqbozga aylanib, hattoki Oshnoning oʻzini ham qoʻgʻirchoq qilib oʻynatgandir?..

Bir narsada Siz haqsiz. Oliya bilan Yaxshiboev muhabbati bobida kinoya kamroq. Bunga men aybdorman, muhabbat tavsifiga berilib ketib, romanning asosiy ohangini unutib qoʻyganman. Balki shunisi toʻgʻri boʻlgandir – kinoya aralashgan joyda muhabbat oʻladi. Oʻlmaydi, deydigan mard, ana, mahbubasiga ishqini piching aralash izhor etib koʻrsin.
– Bugungi ijodkorga mutolaa madaniyati kerakmi? Umuman, oʻzingiz qanday mutolaa qilasiz?
– Bu savolga joʻyaliroq javob berolmayman. Mening kitob oʻqishimda hech qanday tartib yoʻq. Agar yonimda badiiy kitoblar boʻlmasa, tunukachi yoki qadoqchi kasbi haqidagi kitobni ham oʻqiyveraman. Elektr yoki plastik payvand, santexnika, boʻyoqchilik, misgarlik, temirchilik boʻyicha qoʻllanmalar... Bularning hammasi birday qiziq va maroqli. Keyin jarrohlar yozgan kitoblarni (ular bizga oʻxshab, dramatik holatlarni oʻylab topmaydi), otlar bilan itlar haqidagi kitoblarni yaxshi koʻraman.
– Sizningcha, bugun soʻzning, san’atning bozorga solinishi, toʻgʻrirogʻi, ulardan faqat boylik orttirish vositasi sifatida foydalanish qanchalik zarar keltiryapti? Yoki bizda ham Gʻarbdagiga oʻxshash, bunisi haqiqiy san’at, bunisi esa koʻcha madaniyati deb ajratib qoʻya qolish kerakmikin?
– Tabiiyki, bozor munosabatlari oʻziga mos narsalarni yuzaga chiqardi: bozor adabiyoti, bozor san’ati... kinosi, kuy-ashulasi, raqsi... Bu surrogat shakllar katta daromad keltiradi. Albatta, ularning oʻz muxlislari bor. Borgina emas, juda koʻp – minglab, milyonlab. Bir soʻz bilan aytadigan boʻlsak – masskult, ya’nikim ommaviy madaniyat.

Adashmasam, «Mustafo» degan qissada qadim faylasufi Zunnun Misriyning soʻzlaridan iqtibos keltirgan edim. Ma’nosi shuki, ilm odamlardan tortib olinmaydi, ammo bilguvchilar yoʻqoladi. Bilguvchilar yoʻqolgach, nodonlar tepaga chiqib oladilar. Ular oʻzlari adashgani yetmaganday, ortlaridan boshqalarni ham yetaklab ketadi...

Oʻzbek ommaviy madaniyati kimlarning yetovida ekanini aniq bilmayman. Albatta, yetakda ketayotgan odamlarga havas qilib boʻlmaydi. Lekin bu jarayonni toʻxtatish mumkin emas – oʻrtaga pul, katta sarmoya tikilgan. Estrada saviyasini koʻtarish borasida qancha qaror qabul qilindi, lekin saviya sabil hali-hanuz tosh asri darajasida sobit turibdi. Faqat bir narsa – Rossiyada ham, Turkiyada ham, Qozogʻistonu Tojikistonu Qirgʻizistonda ham ahvol shu ekani taskinga zor koʻnglimizni ozgina yupatadi. Boshqa tillarni tushunmayman, lekin oʻzimcha tusmol qilamanki, biz havas bilan qaraydigan Magʻrib mamlakatlarida ham ahvol bundan ortiq emas. Ya’niki, koʻpga tekkan kasal. Nedir yangi va koʻproq daromadli oʻyin yoki tomosha turlari oʻylab topilsa, bugungi nagʻma va muqomlar tez orada oʻtib ketishi ham mumkin.
– Bir suhbatingizda oʻzingizni nafosatni, goʻzallikni qadrlovchi amaldor, deb atagan edingiz. Bugun kechagi tushunchayu mezonlarning yashin tezligida oʻzgarayotgani nafosatu goʻzallikka boʻlgan munosabatga ta’sir etmayaptimi?
– «Nafosatni, goʻzallikni qadrlovchi amaldor» iborasida oʻsha zamondagi ahvolimga nisbatan – yozishga imkon yoʻqligidan afsus aralashgan ozgina piching bor edi.

Inson koʻnglidagi goʻzallik tuygʻusi muqim qoladi, albatta. Mezonlar har kun oʻzgarishi mumkin. Ayniqsa, ayol chiroyi borasida. Aslida, Rubens chizgan semiz xonimlar bilan bugun sahnalarda muqom qilib yuradigan qiltiriq modellar ham birday goʻzal. Umuman, xunuk ayolning oʻzi boʻlmaydi. Mening bir ajoyib sinfdoshim mahbubasiga shunday baho bergani yodimda: «Rosa chiroyli, ogʻzi toʻla tilla tish, har barmogʻida ikkitadan tilla uzugi bor!» Men oʻsha payt ichimda kulgan edim. Lekin bugun oʻylab koʻrsam, u ham oʻzicha haq ekan. Ya’nikim, har kimniki oʻziga, oy koʻrinar koʻziga...
– Zardushtiylik dinida hozir ham dolzarbligini yoʻqotmagan «ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal» triadasi boʻlgan. Koʻpchilik mavjud qiyinchiliklardan noliydi-yu, lekin ularni yengish uchun, avvalo, fikr va soʻz tuzalishi shart ekanini oʻylab koʻrmaydi. Buning uchun nima qilish kerak deb oʻylaysiz?
– Dunyoda toʻkis odamning oʻzi yoʻq. Birovda ezgu fikr, ezgu soʻz boʻlishi mumkin, lekin amalga kelganda oqsab qoladi. Bugungi otashin islohotchilarning hammasi shunday. Fikr va soʻzni tuzatish mumkindir (balki soʻzni tuzatish shart ham emasdir, negaki hamma – oʻgʻri ham, toʻgʻri ham – juda ezgu soʻzlarni gapiradi), lekin moddiy gʻarazni yengish juda qiyin. Ezgu amalning asosiy kushandasi – nafs. Jamiyat mukammal boʻlishini, halol mehnat kunlik ezgu amalga aylanishini kutamiz endi.

Faxriyor suhbatlashdi