OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMurod Muhammad Doʻst
Asar nomiDarvoza yonidagi it (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Murod Muhammad Doʻst
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/05/21
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Darvoza yonidagi it (hikoya)
Murod Muhammad Doʻst

Olapar tun boʻyi uxlamadi. Boshini salgina koʻtarsa bas, miyasida mislsiz ogʻriq uygʻonar, «loʻq-loʻq» urib, chanogʻini yorib chiqadiganday boʻlar edi. U tumshugʻini yerga qoʻyib yotarkan, ogʻriqqa chidolmay, ora-sira uvlab qoʻyardi.

Sahar payti edi. Olaparni chap yagʻrinidagi itchivin qattiq chaqdi. U keyingi oyogʻini uzatib, itchivin chaqqan joyini qashladi. Oʻrnidan qoʻzgʻalishga urindi, lekin biqini kuydirgudek boʻlib achishdi. U yonboshiga agʻdarilib, bir-ikki silkindi-da, jimib qoldi. Shu vaqt qaerdandir hali dumi kesilmagan itvachcha yugurib kelib, Olaparning tumshugʻini yalay boshladi. Uning tili issiqqina edi... Olapar huzur qilib gʻingshidi... Koʻp oʻtmay, itvachcha zerikdi shekilli, ingichka dumini bilanglatgancha, oʻynoqlab-oʻynoqlab nari ketdi. Keyin u ortiga qayrildi. Olaparning poyida yotgan suyakni koʻrib, yana qaytib keldi. Itvachcha burun parraklarini kerib, havoni bot-bot xidladi. Olaparga suqatoylik bilan tikildi. Olaparning qorni och edi, lekin u shoʻx kuchukchani koyishga erindi, suyak ustida yotgan oyoqlarini yigʻib oldi. Itvachcha behad sevindi, minnatdorlik yuzasidan Olaparning dumini tortqilab oʻynadi, soʻng suyakka tashlandi. Uning tishlari nozik edi, qoq suyakni gʻajishga kuchi yetmadi. Itvachchaning hafsalasi pir boʻldi, lekin suyakni qoldirishga ham koʻzi qiymadi, uni kichkina jagʻlari orasiga qistirdi. Tezda juftakni rostlashdan or qildi shekilli, goʻyoki Olaparni mensimaganday... xunuk irillab qoʻydi-da, atayin chayqalib-chayqalib uychasiga ravona boʻldi. Shu asnoda barglari siyraklashgan gujum shoxidagi xoʻrozlar ustma-ust ququlab yuborishdi, soʻng oʻzlaridan mamnun boʻlgandek, qanotlarini osiltirib, «qu-gʻuq, qu-gʻuq», — deyishdi. Itvachcha avvaliga qoʻrqdi, jagʻidagi suyak «tap» etib yerga tushdi. U daraxt tagiga kelib, kutilmaganda qichqirgan beadab maxluqlarni kuzata boshladi, ularning koʻpam dahshatli emasligini anglab, yarashiqsiz ovozda akillab berdi. Itvachcha nihoyat, tinchlandi-da, uychasiga kirib ketdi.

Atrofga sukunat choʻkdi. Olapar qimirlamay yotganicha hayol surardi. U onasini — uzun yelini osilgan yuvosh itni esladi. Ona it qishloq chetidagi xarobazorda bolalagan edi. U odamlarga yaqinlashmas, nuqul dashtga chiqib, sovuqda harom qotgan jsnivorlarning kalla-pochasini tashib kelardi. Olaparning ikkita akasi va singlisi bor edi. Ular chirik xashak ustida qunishib yotishar, ayoz kuchaygan paytlarda ona itning pinjiga tiqilishar, u boʻlmaganida, yaxlit qoramtir tepachaga aylanib, bir-birlarini isitar edilar. Oʻsha qish juda sovuq keldi. Keyin yana bahor qaytdi, iliq kunlar boshlandi. Bahorning oxirrogʻida ona it bolalariga semiz ilon opkeldi, soʻng oʻzi oʻt-oʻlanlar ustiga yotdi-yu, boshqa oʻrnidan turmadi. Itvachchalar qiynalib qolishdi. Rahmdil bir oʻtkinchi Olaparni uyiga olib ketdi. Unga sut, ivitilgan non berishdi...

Olapar hazin gʻingshidi. Yana onasini, uning muloyim nigohini xotirladi. Bundan ta’sirlandi chogʻi, qanshari achishib, badani sanoqsiz itchivinlar chaqqandek qaltirab ketdi.

Roʻparadagi soʻrida nimadir shitirladi. It koʻzlarini ochdi. Ustiga namat yopilgan savatning bir tomoni koʻtarilib, oraliqdan kattakon qora mushuk sirgʻalib chiqdi. U soʻrining chetiga kelib ohista kerishdi, soʻng sakrab yerga tushdi. Uning tumshugʻi qaymoqqa belangan edi. Mushuk Olaparni pisand qilmay, xunuk miyovlab qoʻydi-da, tumshugʻiga ilashgan qaymoqni yalay boshladi. U ilgarilari Olapardan qoʻrqar edi. Itni koʻrganida har tuki ignaday tikkayib, oʻtakasi yorilguday boʻlib pixillar, jonholatda gujum tepasiga chiqib ketardi. Endi boʻlsa... Olaparning xoʻrligi keldi, mushukning sur betini koʻrmaslik uchun koʻzlarini qaytadan yumib oldi.

Tongotarda itni uyqu elitdi. U tushida onasini koʻrdi. Keyin uni xoʻjayin chakmonining bagʻriga solib, uyiga opkeldi. Unga siri koʻchgan sopol tovoqchada sut berishdi. Xoʻjayinning bolalari suyib erkalashdi, uning jajji oq-qora xoldor panjalarini oʻpib, yuzlariga surkashdi... Birdan bu lahzalar ortga chekindi. It oʻzining keksaligini, gujum tagida uzzu-kun qimirlamay yotganini koʻrdi. Xoʻjayinning kenja oʻgʻli bir parcha goʻsht keltirib, uning yalogʻiga tashladi. Olapar surgalib, idishga yaqinlashdi. U endi goʻshtni hidlab turganida, uydan xoʻjayinning xotini chiqdi va oʻgʻliga bobillab berdi:
— Nima, tuyang qal’adan qatnab yotibdimi? Hu, goʻsht sani koʻr qilgur! Yashshamagur!

Olapar choʻchib uygʻondi. Kun choshgohga yaqinlashgan, quyosh pastak devor ustiga mingandi. Itning koʻzlari qamashdi. U quloqlarini dikkaytirib, atrofga quloq soldi. Xoʻjayinning xotini moʻrcha tarafdan javrab kelardi. Olapar sergaklandi: ayolning jahli chiqsa, alamini itdan olardi. Hozir u serbarg xashaki olmalar tagidan yurib kelar, qoʻllari kir solingan togʻora bilan band edi. Hovlida bolalar koʻrinmasdi. Ular allaqachon maktabga joʻnagan edilar. Olapar gujum yonidagi uychaga koʻz tashlab, kecha peshinda paydo boʻlgan itvachchani koʻrdi. Itvachcha tungi oʻljasi — qoq suyakni zoʻr berib kemirar, ahyon-ahyonda Olaparga shubhali qarab qoʻyardi. Olapar undan suyakni tortib olmoqchi boʻldi. Endi joyidan qoʻzgʻalganida, itvachcha suyakni unutib, uyga tomon otildi. Eshik ogʻzida koʻzlari uyqudan shishinqiragan xoʻjayin turardi. Itvachcha yugurib kelishda xoʻjayinning tizzasiga yopishdi, uning oppoq ishtoniga soʻlagini oqizib, oʻzicha muhabbat izhor qilgan boʻldi. Uning qiligʻi Olaparga yoqmadi, u xoʻjayinni dunyodagi hamma itlardan, hatto xotinlardan ham qizgʻanardi. Olapar tiyiqsiz itvachchani boʻynidan tishlab, baland supa ustiga irgʻitib yuborishga xezlandi. Keksa taniga gʻazabli kuch quyildi... Lekin shu topda kutilmagan hol roʻy berdi: itvachcha xoʻjayinning tizzasini qoʻyib yuborib, alamidan qaltirayotgan Olaparning boʻyniga osildi, dumini jilpanglatib, uning terisini tishlab tortqilay boshladi. U oʻzicha: «Qoʻy, sen koʻpam jahllanma... axir men shunchaki...» — demoqchi boʻlardi. Olapar bir zumda hovridan tushdi. Itvachchani ozroq erkalatdi, soʻng asta qulogʻidan tishlab yoʻlidan chetlatdi-da, xoʻjayinining yoniga bordi.
— Ha, Olapar! Obbo san-ey... — xoʻjayin itning boshini siladi. — Figʻoning chiqdi-yov... It degan munaqa jahldor boʻlmaydi-da. Qoʻy, kuyunma, oshna, u sanga joʻra boʻladi.

Olapar uning gaplarini tushungan kabi sekin gʻingshidi.
— Xotin! Hoy xotin!— chaqirdi xoʻjayin. — Bu Olaparing och qoptimi deyman, qorni ja puchayib ketibdi. Kecha yaloqqa qaramabmiding?
— Xudo ursin oʻsha goʻrsoʻxtani! — ayol qoʻlidagi togʻorani tars etkizib soʻriga qoʻydi.— Koʻtara savlat, it siyogʻi yoʻq! Kechasiminam bir marta vov demaydi, goʻrsoʻxta... Tunda sutni ichib ketibdi.
— Olaparmi?! — xoʻjayin yoqasini ushladi. — Yolgʻonni aytasan-ov, xotin! Voy, saning yolgʻon oʻrgatgan piringni!.. Koʻrsam, naq poʻstagini qoqaman-a... Qachondan beri Olapar oʻgʻri boʻpti?
— Nima, man Olapar dedimmi? Anavi Hamid gʻalchaning mushugi-da... Oq mushugi bor-u, oʻsha sutni ichadi-da... Melnxol buvi bekorga dod-voy qiladimi? Bir balosi bordirki, dodlaydi.
— Oʻzingning qora mushugingni ayt. Uyam farishta emasdir-ov... — e’tiroz bildirdi xoʻjayin.
— Oʻzimniki uyda yotuvdi. Qulogʻingiz kar boʻlgan, koʻrpangizdagi mushukning xurragini eshitmaysiz.
— Hah! Sanam rosa olasan-da, xotin! Namuncha mushugingni avaylab qolding? Asli xotinminam mushukning mijozi bir. Mani aytdi dema, muni Mahammat paygʻambarimiz aytgan.
— He, oʻlsin, shu mushugingiz!.. Xotiningizam oʻlsin. Hammasiga manavi Olapar, goʻrsoʻxta aybli. Tun boʻyi choʻzilib yotadi. Shuyam itmi? Ma’rakaning ziynati, oshu nonning ofati. Turqiyam haligi ochofat Rasulga oʻxshaydi. He, oʻlsin!..
— Hov, itga til tegizma, xotin! Oʻnta Rasuling Olaparning tirnogʻiga. arzimas Buning yoshligida boʻri olgani yodingdan chiqdimi? Bilib qoʻy, it — vafo, xotin — jafo.
— Voy mani tuqqan shoʻrlik enaginam!— xotin kutilmaganda hoʻngrab yubordi. — Voy, man oʻlay! Hali sizga bitta harom itcha boʻlmadimmi? Man oʻla-ay!..

Ayolning qahri keldi. Qoʻlidagi kir sovunni Olaparga otdi. It oʻzini chetga olishga ulgurdi. Sovun uchib kelishda xoʻjayinning qoq tizzasiga tegdi. Olapar soʻri ortiga oʻtib, asabiy xotinga achinganday... xiyla ma’nodor qarash qildi. Agar xoʻjayin ham anchayin bosiq boʻlganida, ehtimol, keyingi falokatlar boʻlmasdi...

Er-xotin mushuk ichgan sut jazasidan urishib qoldilar. Ular oʻzaro soʻkishib, uyga kirishdi. Ich-karidan sandiq qopqogʻining taraqlashi, taxmondan olinib, uy oʻrtasida otilgan koʻrpalarning gupillagani eshitildi. Aftidan, ular roʻzgʻorni ajrim qilishardi...

Oradan bir qumgʻon qaynagulik vaqt oʻtdi. Janjal ham tugadi. Ora-sirada ayolning burnini tortib, oʻksingani eshitilardi. Xoʻjayin uydan xomush boʻlib chiqdi. U boshiga eski koʻk qiyiq bogʻlagan, egnida qalin chakmon bor edi. Xoʻjayin qoʻlidagi qoʻshogʻiz tasmasini yelkasiga solarkan, itni «mah-mah», — deb chaqirdi. Olapar yurak betlamay unga yaqinlashdi. Xoʻjayinning yogʻ bosgan kirza etigini, miltiqning sovuq quvurlarini hidlab koʻrdi-da, sevinchdan vovillab qoʻydi. Miltiqdori hidi unga judayam tanish edi... It tulkilar izgʻiydigan qirlarni koʻz oldiga keltirdi, dimogʻiga burganlarning xush boʻyi urilganday boʻldi..

Xoʻjayin darvozani ochib, itni chaqirdi, uning boʻyniga chilvir bogʻlab, asta-sekin yetaklab ketaverdi. Olaparning koʻngli gʻashlandi. Ilgari ovga chiqishganda xoʻjayin itning boʻyniga chilvir solmas, uni oʻz holiga qoʻyib yuborib, yoʻl-yoʻlakay «Qaro koʻzim...»ni xirgoyi qilardi. Endi u jim... mum tishlaganday jim ketyapti.

It va xoʻjayin ikki chekkasida jiyda, tikanli butalar oʻsib yotgan sertuproq yoʻldan borishardi. Paxsa devorli hovlilarda jimlik hukm surardi. Odamlar qishloq etagidagi polizga ketishgan. Hosili yigʻilgan tomorqalarda podadan qochgan sigirlar makka ildizlarini tortqilab yurishibdi.

Ular yoʻlda pochtachiga duch kelishdi. U moʻynasi toʻkilgan yagʻir telpagini qiyshiq kiygan, qandaydir bir navoni mingʻillab aytar, kerakli hovliga tenglashganda eshagini bir zumgina toʻxtatib, xurjundagi gazeta, xat va jurnallarni olar, ularni devor osha tomorqa uvatlariga irgʻitardi. Pochtachi xoʻjayinga salom berdi, lekin xoʻjayin chindan eshitmadimi yoki joʻrttaga oʻzini merovlikka soldimi, ishqilib, salomga javob qaytarmadi. Pochtachining jahli chiqdi. Palagʻda tovushda qurtdakkina soʻkinib, irgʻay xalachoʻp bilan eshagining sagʻrisiga tushirdi. Bechora eshak zarbdan chapga mayishdi, «tap-tap» yurgan koʻyi yoʻl chetidagi loyxandaqqa yaqinlashdi. Pochtachi uzangidan oyoqlarini chiqarib sakrashga shaylandi, lekin eshak oxirgi soniyada gʻaroyib bir chapdastlik bilan yana oʻnglanib oldi va jon achchigʻida tuproqni toʻzgʻitib yoʻrgʻalay ketdi.

Olapar va xoʻjayin qishloq oʻrtasidagi soylikdan oʻtib, zarang yoʻlga tushdilar. Bu yoʻlning uchi kaftdek sayhonlikka turtib chiqqan qirlarga borib taqalar, oʻsha joyda soʻqmoqlarga boʻlinib, qir yonbagʻirlari, soyliklar boʻylab, uzoqda koʻkarib turgan yassi togʻliklar tomon yugurib ketar edilar. Xoʻjayii soylikka eltadigai soʻqmoqni tanladi, shu soʻqmoqdan yarim chaqirim yurilgach, oʻngdagi yantoqzorni oralab, jar labiga keldilar. Itning boʻynidagi chilvir ancha uzun edi. U jar devoriga qiyalanib kirgan nim dahanasimon chuqurga tushib, u yerdagi inlarni birma-bir hidlab chiqdi. Soʻng pastga qaradi. Jar tubida sel oqizib kelgan toshlardan boshqa narsa koʻrinmasdi. Olapar atrofni itlik idroki yetgunicha, xiyla sinchiklab tekshirdi, keyin «meni nega opkelding» degandek, xoʻjasiga boqdi. Xoʻjayin hamon tund edi. U itni yoniga chaqirib, boshini siladi. Olapar xoʻjasining sovuq barmoqlari titraganini payqadi. Xoʻjayin chilvirni jar labidagi burgan tupiga bogʻladi. Soʻng yigirma qadamcha nariga borib, ortiga qayrildi. Olapar xoʻjasining gʻalati qiligʻini tushunolmadi, oldinga talpindi. Lekin burgan poyasi mustahkam edi, chilvir taranglashib, itning tomogʻini boʻgʻib qoʻydi.
— Tek tur, Olapar!..

Olapar xoʻjasining amriga boʻysundi. Chilvir salqi tortdi, itning tani ham boʻshashdi. Xoʻjayin yelkasidagi qoʻshogʻizni olib, unga toʻgʻriladi. Olapar buni ham tushunmadi, bir jarning narigi qirgʻogʻiga, bir xoʻjasiga qiziqsinib tikildi. Xoʻjayin tepkiga bormoq tegizdi, lekin bosishga jur’at qilmadi, chuqur uh tortib, miltiq qoʻndogʻini yerga qoʻydi, dagʻal chakmonining barini koʻtarib, peshonasini artdi. Soʻng yana itni moʻljalga oldi. Endi bu oʻyin Olaparni butkul mahliyo etdi; u xoʻjasining tez-tez koʻtarilib tushayotgan kekirdagidan koʻzlarini uzolmay qoldi.

Miltiq otildi... It jar tubiga uchib tushdi. Olddagi chap oyogʻi qirrador toshga tegib, qirsillab sindi. Uzilgan chilvirning bir qulochi boʻyniga ilonday oʻraldi. U ogʻriqqa chidolmay, ovozi boricha vangilladi, boshi chirpirak boʻlib aylanib ketdi...

...Olapar tumshugʻiga tushgan iliq tomchilardan hushiga keldi. Tepasida xoʻjayin choʻkkalab oʻtirardi. U itning majruh oyogʻini avaylab qoʻllariga oldi. Olapar gʻingshimadi, jagʻlarini mahkam qisib, xoʻjasiga qaradi. Xoʻjayin yum-yum yigʻlardi.
— Tegmabdi...

U afsuslanib bosh chayqadi. Oʻq itga lat yetkizmagan, tabiiy muhofaza tuygʻusi hali miltiq quvuri olov purkamay turib, Olaparni jarga uloqtirgan edi.
— Mani kechir, oshna... — xoʻjayin engashdi, yuzini itning boshiga tegizdi. — Sani sigʻdirmasa nima qilay?.. Bilasan, oʻsha tunda begona odamni tishlaganingdan beri yomon koʻradi. Shungayam besh yil boʻpti. Ilojim qancha, oshnam... Oʻrtada bolalar bor, ajralib ketolmasam... Mangayam alam qiladi... Oson deb oʻylaysanmi? Eh, odam boʻlganingda hammasini bilarding... Lekin boʻlmaganing ma’qulroq. San bir itsan, oʻlishing ham osonroq... Endi keksayib qolding... Ma, goʻshtni yegin,— u belbogʻini yechib, bir parcha goʻsht olib tashladi.— Sanga deb oʻgʻirlab chiqdim... Endi shu yerda oʻlaqol, Olapar... Ertaga oʻzim koʻmib qoʻyaman. Axir uyga borib nimayam qilasan?.. Sani xoʻrlashadi...

It yana hushini yoʻqotdi. Xoʻjayin uni oʻlgan fahmlab, tepasida bir necha daqiqa mungʻayib turdi, soʻng jarning qiyaroq joyidan tirmashib yuqoriga chiqdi. Ust-boshini qoqib, bukchaygan koʻyi, tez-tez yurib, jar labidan uzoqlashdi.

Olapar vaqt peshindan oqquncha goh hushyor, goh behush boʻlib yotdi. Tashnalikdan jagʻlari qurib, karaxtlandi. U koʻzlarini ochib, jar labiga qoʻngan ikkita zogʻni koʻrdi. Tepada koʻringan osmon parchasida tasqaralar toʻdasi ohista suzib yurardi. It kuni bitayotganini sezdi, goʻyoki shu tuygʻuni quvlamoqchi boʻlgandek, choʻzib-choʻzib ulidi. Zogʻlarning hafsalasi pir boʻlib, kunbotarga uchib ketishdi. Olapar bir amallab joyidan qoʻzgʻaldi-da, jar devoriga tirmashdi. Majruh oyogʻi zirqirab ketdi, koʻzlarida oʻt chaqildi. U ogʻriqni pisand qilmay, tirnoqlarini soztuproqqa botirdi. Lekin jar devorining yarmiga yetmasdan darmoni quridi, paylari boʻshashdi, pastga gurs etib quladi-yu, boshdan-oyoq sargʻish changga belandi. It alamidan achchiq gʻingshidi, soʻng taqdirga tan bergandek, boshini quyi solib, jar tubidan hakkalab keta boshladi. Jarlikdagi toshlar, tikanli butalar junlarini yulib, badanini qonatib yubordi. Nihoyat, oyoq ostida nam koʻrindi. Olapar yurishini tezlatdi. Jarning quyi tarafi kengayib, oldinda kichik botqoqlik paydo boʻldi. It botqoqni qoplagan besoʻnaqay yalpiz poyalari orasidap oʻta turib, bexosdai buloq havzasiga tushib ketdi. Buloqda suv moʻl edi. Lekin it chanqogʻini bosolmadi, suvdan qon va junning qoʻngʻirsiq hidi kelardi. Olapar havzadan chiqqan jilgʻani kechib, tegirmon xarobasigacha bordi. Bu paytda quyosh ufq gʻuboriga choʻmgan, qip-qizil shafaq xaroba tegirmonning qolgan-qutgan devorlarida, bogʻdagi daraxtlar libosida yal-yal yonardi. It choshgohda kelgan yoʻliga tushib oldi.

Poda qaytmoqda edi. Sigirlar hakkalab kelayotgan Olaparni koʻrib, tahdid bilan pishqirdilar. Kichik bir novvos poda ortida qolib, itning yoʻlini toʻsdi. Koʻzlarini olaytirib, suzishga shaylandi. It unga parvo qilmadi, sal chaproqdan yurib, oʻz yoʻliga ketaverdi. U uyga yetguncha uzoq yurdi. Iliqqan itlar galasini, koʻchaga supurindi chiqarib tashlayotgan kampirni uchratdi. Itlar unga daxl qilishmadi, kampir boʻlsa, hokandozning uzun dastiga suyanib turganicha gʻalati bosh chayqadi.

Olapar xoʻjayinning uyiga kelganida atrof qorongʻi edi. Itning dimogʻiga qovurdoq hidi urildi. Oʻchoqda yonayotgan olov shu’lasi tambalangan darvoza yoriqlaridan yerga taram-taram boʻlib tushardi. Olapar darvozadan beriroqqa gʻujanak boʻlib yotdi. Bir ozdan soʻng ichkaridan bolalarning chugʻur-chugʻuri eshitildi. It quloqlarini ding qildi.
— Oyi, oyijon! Borayliik... — yalinchoqlik qilishardi bolalar.
— Bor, boraver!.. Oʻsha itminam qoʻshmazor boʻlinglar! — Oʻshqirdi ayol. — Ertaga otang kelsin, naq goʻshtlaringni oʻydiraman!

Olapar seskanib tushdi. Yana oʻsha jarlikka, yalang toshlarga qaytib borgisi keldi. U endi oʻrnidan turganida, darvoza tambasi sharaqlab, hovlidan xoʻjayinning oʻgʻilchasi chiqdi.
— Kelaver, Banno, kelaver... — u singlisini chaqirdi.

Bolalar darvozani yopib, qorongʻilik bagʻriga qoʻrqa-pisa tiqilishdi.
— Vuy, aka! Qaya, Olapay! — qizcha sevinchidan qichqirib yubordi.

Ular Olaparga yaqin kelishdi. Bola itning boʻynidan quchoqlab oldi. Qizaloq boʻlsa, uning tumshugʻini silar, hadeb «Olapay, Olapay...» — deb chuldirardi. It majruh oyogʻini osiltirib turaverdi.

Bolalar uning yarador ekanini payqashmadi ham.
— Banno, man sovqotdim, — dedi bola ozroq oʻtgach - Qara, Olaparing hoʻl ekan... Man ketaman.
— Ketma, aka. Ozyoq tuyaylik...
— Man ketaman, oʻzing qolaver.
— Biy oʻzim qoʻyqaman.

Bolalar salqindan diydirashib, hovliga tomon yurishdi. Qizaloq darvoza yonida turib, chaqirdi:
— Kiy, Olapay, qiyaqol...

Olapar darvozaga yaqinlashdi, lekin bolalar harchand tavallo qilishmasin, ichkariga oyoq bosmadi.

Atrof jimjit boʻlib qoldi. Olapar zax yerga choʻzildi. Jarohatdan anchagacha azob chekdi, soʻng karaxtlanib uyquga ketdi. Tushida xoʻjasi bilan ov qilib yurganmish... Ular togʻ etaklariga borishdi. Yantoq tupi ortidan tovushqon chiqdi va oʻngi soʻliga qaramay qocha boshladi. Xoʻjayin: «Chop, Olapar! Chop, oshnam, u seniki boʻladi!» —deb qichqirdi. Olapar tovushqonni quvlay boshladi. Kutilmaganda tovushqon beli ingichka qora mushukka aylandi. Itning chandon gʻazabi oshdi, kuchiga kuch qoʻshildi. Endi mushukka yetay deganda, roʻparada chuqur jarlik paydo boʻldi. Mushuk kamalakday egilib, narigi tarafga sapchidi. Olapar ham sakradi, lekin u jardan oʻtolmadi, pastga toshdek quladi. It jar tubiga urilib, chilparchin boʻlishini kutarkan, vujudi borgan sayin kichrayaverdi. Birdan Olapar par sin-gari yengil boʻlib qoldi, soʻng tushday shaffof, beozor fazo qoʻynida qaylargadir ohista suzib ketdi...