OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Murod Tillayev. Qoʻlqop (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMurod Tillayev
Asar nomiQoʻlqop (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Murod Tillayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/01/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qoʻlqop (hikoya)
Murod Tillayev

«
Kimki komil boʻlmagay gʻaflat anga,
G’aflati ilmi xirad podosh etur.
Kimki johil boʻlmagay hikmat anga,
Ilmi ham bir kun jaholat fosh etur.

Jaloliddin Rumiy
»

Trolleybus navbatdagi bekatda chayqalib toʻxtadi. Yoʻlovchilar birin-ketin tusha boshladilar. Shu payt oldingi eshik yonida qoʻliga bir parcha kizil mato bogʻlab olgan ayolning oyuzi hammaning xayolini boʻlib, sergaklantirdi:
— Qani, tezroq boʻling, tez...

Uzun, sariq yungli kalin palto yoqalarini koʻtarib olgan oʻn toʻqqiz-yigirma yoshlar chamasidagi yigit koʻlidagi charm qoʻlqopini gʻijimlab lochinnikidek harakatchan, katta-katta koʻzlarini goh yerga notinch qadar, goh kimnidir izlayotgandek atrofga olazarak qarab qoʻyardi. Ammo «lom-mim» demasdi.
— Chiptangiz boʻlmasa, unda jarima toʻlang! — Nazoratchi ayol yigitga jiddiy tikildi. — Uyalish kerak edi!..

«Balki u pulini yodidan chiqazib qoldirgandir. Balki... umuman... Hayotda nimalar boʻlmaydi... — deb oʻyladi deraza yonboshida yupqa gardishli koʻzoynak taqib oʻtirgan qoracha kampir yigitdan koʻz uzmay».
— Baraka topkur, bolani bir marta kechiring, endi qilmaydi, — dedi kampir ikki tizzasiga qoʻllarini tirab turarkan. — Men toʻlayman, qoʻyib yuboring uni, qoqindiq! — U nazoratchi ayolga yaqin borib dastroʻmolchasi uchiga tugib qoʻygan pullari orasidan yuz soʻmlik olib uzatdi:
— Keragini olib qoling, qizim...

Nazoratchi ayol kampirga boshdan-oyoq bir sidra qarab chiqdi-da, yigitga ishora qilib negadir jilmaydi.
— Nevarangiz boʻladilarmi? — Bu gap ohangida kinoya ham, nazoratchi ayolning yigitga muruvvati ham bor edi.

«Oʻgʻlim, yo nevaram boʻlishi shartmidi? — deb oʻyladi kampir boʻgʻilib. — Begonaga yaxshilik qilish ayb emas-ku!»
— Avvalroq oʻylash kerak edi. — Nazoratchi ayol kamgshrning qarashidan koʻnglidagi fikrni oʻqib olgandek boʻshashib gapirdi. — Yana shunday qilsa, — dedi boshini yigitga burib, — jarima solaman. Albatta, ikki hissa qilib...

Yigit istar-istamas boshini koʻtarib avval kampirga, soʻng nazoratchi ayolga qovoq uyub qarab, tashqariga otildi.
— Yosh ekan, — dedi kampir pulini roʻmolchasiga qayta tugayotib. - Quyulib qoladi...

Trolleybus shitob bilan oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Oldinga oʻrindiq tepasidagi kichkina tuynuqdan salonga muzdek qor havosi gurkirab kirdi. Hamma bir-biriga urildi...

Kampir birpas oʻtirgach, trolleybusda borgan sayin odamlar siyraqlashib qolayotganini, tok kelishini kutish befoyda ekanini tushundi. «Bu yogʻi uygacha bir bekatcha yoʻl. Qor havosi, tan davosi. Sayr qilib borarman», — Oʻyladi u.

U trolleybusdan tushayotganda zinada qorga belanib yotgan charm qoʻlqopga koʻzi tushdi. «Boyoqish shoshganidan tushirib qoldiripti, — deb oʻyladi yigitni eslab. — Uzoqqa ketib qolmadimikin?!» — U eshik chetidagi mis tutqichdan ushlab, yaxmalak yerga oyoq qoʻydi. Qoʻydi-yu, birdan sirpanib, qoʻli tutqichdan chiqib, chirpirak boʻlib tushdi... Koʻlidagi tuguni ancha nariga borib, qorga koʻmilib ketdi. Oʻzi qoʻrqqanidan, miyasiga urgan ogʻriqning zoʻridan koʻzlarini chirt yumib, tishlarini gajirlatib, sovuq yerni quchgancha ingrab yubordi.

* * *

Nazoratchi ayol bekatga yetganda toʻsatdan yuragi qattiq-qattiq urayotganini, koʻkragi qattiq sanchayotganini, tomogʻiga bir narsa tiqilib kelayotganini sezib, koʻngliga gʻulgʻula tushdi.

U bundan besh yil burun taxikardiya kasaliga yoʻliqib, bir oycha davolanib chiqqan, shundan buyon biron marta qattiq harakat qilib qoʻysa, yo hayajonlansa, bas, dunyo koʻziga qorongʻi boʻlib koʻrinadi... U hozir ham a’zoyi badanidan muzday ter chiqib ketayotganini payqadi. Chiroq tagidagi oʻrindiqdan qorni sidirib oʻtirdi. «Endi kampirning holi nima kechadi?» Birdan koʻz oʻngida tinmay ingrayotgan kampir paydo boʻldi. Butun kuchini yigʻib, oʻrnidan turdi. «Mening kasalim uniki oldida nima boʻpti? U qari narsa... Oldi olinmasa, tagʻin xudo koʻrsatmasin...»

U endi besh-olti qadam bosgan edi, yoʻl chekkasidagi gazeta doʻkoni yonida sigaret tutatib turgan boyagi sariq yungli, qalin palto yoqalarini koʻtarib olgan yigitni koʻrib qoldi.

«Yaxshi boʻldi», — deb oʻyladi oʻzicha sevinib.
— Xoʻsh, nega tikilib qolding? Odam koʻrmaganmisan?!

Nazoratchi ayol ogʻriqning zoʻrayib borayotganidan yigitning gapini zoʻrgʻa eshitdi.
— Oʻzim... — dedi asta unga yaqin kelib. — Boyagi kampir... trolleybusdan yiqilib tushdi...
— Menga nima?! — Yigit koʻzlarini loʻq qilib ayolga tikildi.
— Kampirning oyogʻi qattiq shikastlangan koʻrinadi... — dedi nazoratchi ayol gʻazabini ichiga yutib. — Yordam berish kerak... narigi koʻcha muyulishidagi avtomatdan «Tez yordam»ga qoʻngʻiroq qilib bersangiz. Men... borib unga qarab turaman.
— Dastyorlik kilib oʻrganmaganman! — Yigit uning gapini choʻrt kesdi. Nazoratchi ayol «yalt» etib yigitga qaradi. Yigit sigaret tutatib, yoʻlak boʻylab kelayotgan qizlarga suqlanib tikildi.
— Koʻrnamak! — dedi gʻazab bilan. — Vijdonsiz! Soʻtak! — Nafasi qisilib gapirdi. — Sen... seni... Sadqai odam ket-e!!! — Uning koʻz oldi qorongʻilashdi-yu, keskin burilib, boshini quyi solgancha qorni gʻarch-gʻurch bosib yurib ketdi.

* * *

Hilola darslar tugashi bilan birinchi qavatga tushib, yoʻlak boshiga «Dekanat» deb yozib qoʻyilgan eshik oldiga bordi. Talabalar bu eshikdan ichkari kirishga jur’at etolmas, hatto fakultet oʻqituvchilari ham dekan — Abdulla Sayfiddinovichning xonasiga oʻylashib kirishlarini Hilola allaqachon — birinchi kursda oʻqib yurgan kezlaridayoq payqagan edi. U dekanning xonasida oʻtkazilgan starostalar majlisida besh-olti marta qatnashgan, Abdulla Sayfiddinovichning soʻzini koʻp tinglagan boʻlsa-da, har gal u bilan yuzma-yuz kelib qolsa negadir borligʻini hayajon bosib, lavlagisi chiqib ketardi. U hozir ham hayajonlanib bir zum ikkilanib turdi-da, soʻng shaxt bilan eshikni ochdi.

Professor Abdulla Sayfiddinovich deraza tagidagi stol yonida mukka tushgancha allaqanday qogʻozlarni koʻzdan kechirib oʻtirardi. Zangori darparda tutilgan derazadan tushayotgan quyoshning taftsiz nurida paxtaday oppoq boʻlib qolgan sochlari tovlanib koʻrinardi.
— Mumkinmi domla? — dedi Hilola eshik tutqichini qoʻyib yubormay. Professor stoldan vazmin bosh koʻtardi-da, negadir jilmaydi.
— Keling, — dedi sekingina. Keyin oldidan boʻsh kursi koʻrsatdi. — Oʻtiring. Hilola qip-qizil loladay tovlanib turgan kursiga iymanib ohista choʻqdi.
— Tabriklayman Moskvada oʻtkaziladigan YuNYeSKO simpoziumida qatnashadigan boʻldingiz.
— Men... men-a?! — Hilola yalt etib professorga qaradi. Esankirab oʻrnidan turdi.
— Ha, siz! Fakultet kengashi tasdiqladi. — Professor Hilolaning kichkina qoʻlini siqdi. — Omad tilayman!

Hilola yoʻlakka chiqdi-yu, «Sizga hamroh boʻlib mexanika-matematika fakultetidan Gʻayrat Kamolov boradi» deganini esladi. Demak, u ham anjumanda qatnashar ekan-da.

Shu tobda Hilolaning xayolida Gʻayrat, uning doimo oʻychan, samimiy boqib turuvchi tim qora koʻzlari, silliq taralgan sochlari qayta jonlandi. Beixtiyor u bilan tanishgan oltin kuz kunlarini esladi...

* * *

Oq xalatli doktor trolleybus ichida yotgan kampirning qoʻlini ohista koʻtarib harakatga keltirdi. Tomir urishini eshitgach, shprits tayyorlab, bilagiga ukol qildi. Kardiamin tezda oʻz kuchini koʻrsatdi: kampir kichkina, ajin bosgan koʻzlarini yarim ochdi. Atrof tumanli, ayqash-uyqash boʻlib — koʻrindi koʻziga. Koʻngli ayniy boshlagach, yana koʻzlarini yumib oldi.

Hilola trolleybus tomon chopib borarkan, tinmay harsillar, koʻngli mudhish bir narsani sezib, yuragi gupillab urardi. Trolleybus eshigi yonida odam tirband edi. Amallab ularni yorib oʻtdi. Oʻtdiyu birdan... rangi qordek oqarib, lablari titrab, dahshat ichida qichqirib yubordi:
— Buvi, buvijonim! — U jon holatda kampirning qarshisida tiz choʻkib, uni mahkam bagʻriga bosdi. — Sizga nima boʻldi, buvijon? Koʻzingizni oching, ocha koling koʻzingizni, buvijon!..

Kampir Hilolani ovozidan tanib, boshini xiyol koʻtardi. Majolsiz qoʻllari bilan nevarasining sochlarini silab, koʻziga yosh oldi.
— Endi mashinaga olsak ham boʻladi, — dedi oppoq xalati ustidan qalin palto tashlab olgan koʻzoynakli vrach. — Tezroq shifoxonaga olib borish kerak.

Ikki kishi brezent zambilni trolleybusning yonidan olib oʻtayotganlarida birdan odamlar chetlashishdi. Ichkaridan dilni larzaga soluvchi faryod eshitildi.
— Buvijon! Buvijonim! Koʻzingizni oching! Ocha qoling koʻzingizni, buvijon!

Simyogoch ostidagi «Damas» rusumli mashinaning eshigi ochib qoʻyilgan, atrofida besh-oltita odam toʻplanib turar, havo sovib, bitta-bshta laylak qor yogʻa boshlagan edi.

Gʻayrat ularning oldiga kelib tosh qotib qoldi. Bir kampirga, bir sochlari soʻlgʻin yuzlariga yopishgan Hilolaga qarab turib titrab ketdi.

«Nahot, nahotki!..»

Kampir shu payt zambil yonida egilib borayotgan nazoratchi ayolga nimanidir uzatganday boʻldi, ovozi past, ingroq chiqdi:
— Boyagi yigit tushirib qoldiripti... omonat... Koʻrsangiz berarsiz...

Gʻayrat oʻzining qoʻlqopini tanidi, tanidi-yu, birdan vujudi muzlab, koʻz oldi qorongʻilashdi, oyoqlari shalvirab, beixtiyor simyogʻochga suyandi.

U oʻziga kelganida mashinaning qizil chiroqlari uzoqlashgan, yoʻl chekkasida toʻplanib turgan odamlar allaqachon tarqalib ketgandi. Faqat qulogʻi ostida Hilolaning yurakni ezuvchi faryodi, kampirning dilkashlik bilan nazoratchi ayolga aytgan soʻnggi soʻzlari hamon jaranglardi...