OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMurodboy Nizanov
Asar nomiTelefon jinnisi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/Qoraqalpoq adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Murodboy Nizanov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonIsmoil Olloberganov (Qoraqalpoq tilidan)
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Telefon jinnisi (hajviya)
Murodboy Nizanov

Kattalar bilan hazillashmoq yaxshilikka olib kelmas ekan. Sababi, ularning tabiati nozik boʻladi. Ehtiyotsizlik bilan aytilgan bir ogʻiz gap uchun bir umr jabr tortishga toʻgʻri kelishi mumkin. Masalan...

Nashriyotda ertalabdan shovqin-suron koʻtarildi.
— Yozuvchi Doʻstjon Muhamedovni jin uribdi, telefon apparatlarini sindirib tashladi.
— Xoy, telefonni yashir! Doʻstjon kelayotir.
— Eshikni bekiting.

Bu gap-soʻzlar boshliqqa borib yetdi. U zudlik bilan bosh hisobchi va kasaba uyushmasi rahbarini huzuriga chaqirdi.
— Muhamedov oyligini olganmi?
— Olgan.
— Unga toʻlanadigan qalam haqidan qarzimiz yoʻqmi?
— Yoʻq.
— Yaqin oʻrtada moddiy yordam soʻramaganmidi?
— Soʻragan edi, oldi.
— Uyida yozuv-chizuv bilan shugʻullanish uchun qalam-qogʻozdan yordam qilib turibsizlarmi oʻzi?
— Albatta.
— Unda nimaga gʻalva koʻtarayotgan ekan-a? Aytmoqchi, bahorda dam olishga boraman, deb yoʻllanma soʻrab yurgan edi.
— Yoʻllanmani oʻzi qaytarib topshirdi.
— Nega?
— Kuzda borganim ma’qulroq, dedi.
— Bizdan gina qilishiga biror asosi bormi oʻzi?
— Yoʻq.
— Boʻpti. Unda aytinglar, oldimga kirsin!

Bosh hisobchi bilan kasaba uyushmasi rahbari xonadan chiqar-chiqmas boshliq huzuriga yozuvchi Muhamedov kirib keldi. Kayfiyati har kungiday emas. Koʻzlari qizarib ketgan. Unga koʻzi tushishi bilan boshliq shoshilib qoldi. Stol ustida turgan uchta telefondan bittasi jiringlay boshladi. Muhamedov kabinet sohibidan burun chaqqonlik bilan telefonni oldi-da, koʻtarib yerga urdi. Apparat chil-chil sindi. Boshliq ne qilarini bilmay, bir sochilib yotgan telefon boʻlaklariga, bir Doʻstjon Muhamedovga qaradi. Shu orada ikkinchi telefon ham jiringlab qolsa boʻladimi. Bunisi ham rasvo boʻldi. Uchinchi telefon apparatini boshliqning oʻzi qoʻliga oldi va tashqariga otilib chiqdi. Muhamedov izidan ergashdi.

Qabulxonada kotiba qiz kim bilandir telefonda gaplashayotgan ekan. Muhamedov uning qoʻlidagi telefonni yulqab oldi-da, yerga urdi. Telefon oʻchoqqa qalanadigan tarashaga oʻxshab boʻlaklarga boʻlindi. Shu orada kimdir omon qolgan telefonlarning biridan «03»ga qoʻngʻiroq qilishga ulgurdi. Tezda uch nafar shifokor yetib keldi va Muhamedovni mashinaga zoʻrlab joylashdi.
— Ushladik, olib borayotirmiz, — dedi oldingi oʻrindiqda oʻtirgan shifokor ratsiya orqali.

Muhamedov bir siltanib, ularning qoʻlidan chiqdi va ratsiyaning goʻshagini oʻtirgʻichning temiriga zarb bilan urdi. Ratsiya tamom boʻldi. Muhamedov ruhiy kasalliklar shifoxonasi qabulxonasidagi barcha telefonlarni ham boshiga yetdi. Aslida uning bunday telefon jinnisiga aylanishida oʻn kuncha oldin kattalardan biriga bemahal qilgan qoʻngʻirogʻi sababchi boʻlgan edi.

Soʻnggi yarim yil mobaynida yozuvchi Muhamedovga durustroq ilhom kelmay, hech narsa yozolmay yurgan edi. Bir kuni kutilmaganda yarim kechada ilhom kelib qolsa boʻladimi! U yozuv stoliga oʻtirib ishtiyoq bilan yoza boshladi. Sahifalar birin-ketin toʻlyapti. Quyilib kelayotgan jumlalarni yozishga zoʻrgʻa ulgurmoqda. Shu payt birdan chiroq oʻchib qoldi. Muhamedovning mavj urib turgan ilhomi toʻxtadi-qoldi! Shamning yorugʻida telefon kitobini olib GRES boshligʻining uyiga qoʻngʻiroq qildi.
— Allo! Bu GRES boshligʻining uyimi?
— Ha, shunday.
— Siz boshliqmisiz?
— Oʻziman!
— Sizning uyingizda «svet» bormi?
— Bor.
— Mening uyimda esa yoʻq.
— Navbati bilan oʻchiryapmiz. Yonib qolar.
— Lekin mening ilhomim sizning navbatingizni kutib turmaydi-da. Men yozuvchi Muhamedov boʻlaman. El oyogʻi tingan paytda ijod qilayotgan edim, xonamda chiroq oʻchib qoldi. Sizning uyingizda esa oʻchmabdi. Shu adolatdanmi axir?!

GRES boshligʻi Muhamedovning yashash joyini, telefon nomerini yozib olib, chiroqni yoqtirishga va’da berdi. Soʻzining ustidan chiqdi ham! Sal oʻtmay chiroq yondi. Biroq Muhamedovning ilhomi soʻnib qolgan edi.

Ertasi kuni tunda Muhamedov telefonning jiringlashidan choʻchib uygʻondi.
— Allo, yozuvchi Muhamedovning uyimi? Ilhom qalay?
— Yomon emas.
— Chiroq bormi?
— Ha, yonib turibdi.
— Men kechagi GRES boshligʻiman. Chirogʻingizni oʻchirmaslikka va’da bergandim. Shuning uchun anigʻini bilay deb shaxsan oʻzim telefon qilyapman.
— Rahmat, rahmat!

Uyqu bir boʻlingandan keyin qaytadan koʻzning ilinishi qiyin boʻlar ekan. Muhamedovni xayol olib qochdi. Shu yotishda tongga yaqin koʻzi ilindi.

Ikkinchi kuni tungi soat uchda telefon jiringladi. Muhamedov tushimmikan deb avvaliga e’tibor bermadi. Lekin oʻngida jiringlayotgan ekan.
— Yozuvchi Muhamedovning uyimi?
— Ha, shunday.
— Chiroq oʻchmadimi?
— Yoʻq, yonib turibdi.
— Men GRES boshligʻining oʻrinbosariman...

Uchinchi kuni tungi soat uchda yozuvchini xotini turtib uygʻotdi.
— Turing, telefonga chaqirishyapti!
— Kim? — dedi u uyqusirab.
— Bilmayman.

Muhamedov gandiraklab borib goʻshakni oldi.
— Yozuvchi Muhamedovmisiz?
— Ha.
— «Svet» bormi?
— Bor.
— Men GRESning bosh injineriman.

Muhamedov toʻrtinchi kuni goʻshakni olayotib soatiga qaradi. Uchdan ikki minut oʻtgan ekan.
— Yozuvchi Muhamedovning uyimi? Chirogʻingiz yonyaptimi?
— Ha, yonib turibdi...

Beshinchi kuni tungi soat uchgacha Muhamedov uxlamay qoʻngʻiroq boʻlishini kutib yotdi. Umidi puchga chiqmay, qoʻngʻiroq jiringladi.
— Yozuvchi Muhamedovning uyimi?
— Shunday.
— Ilhom qalay?
— Yomon emas.
— Chiroq bormi?
— Bor!

Yettinchi, sakkizinchi, oʻninchi, oʻn oltinchi kunlari telefon jiringlashi bilan Muhamedov javob qildi:
— Men yozuvchi Muhamedovman, ilhomim joyida. Chiroq oʻchgani yoʻq. Oʻz holimga qoʻyasizlarmi, yoʻqmi?

U yoqdan darhol javob qaytadi:
— Bizda toʻqson oltita operator, qirq sakkizta texnik bor. Hammamizga ushbu topshiriq boʻyicha grafik tuzib berilgan.

Ana shu gapdan keyin Muhamedov telefonni devorga urib sindirdi-da, koʻchaga chiqib ketdi. Tong oqara boshlagach, dastlab qoʻshnilarning telefonlarini sindirib chiqdi. Soʻng ishxonaga keldi. Qolgan gaplar oʻzingizga ma’lum.