OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMurotboy Nizonov
Asar nomiReklama (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/Qoraqalpoq adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Murotboy Nizonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonIsmoil Olloberganov (Qoraqalpoq tilidan)
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/28
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Reklama (hajviya)
Murotboy Nizonov

Joʻra-yoronlarning bori yaxshi. Qisinsang, maslahat beradi, quvonsang, birga quvonadi. Xafa boʻlsang, gʻamingni boʻlishadi. Xullas, doʻsting koʻp boʻlsa, yuking yerda qolmaydi.

Tadbirkorlik bilan shugʻullanib, baxtimni sinab koʻrmoqchi boʻldim. Bu borada doʻstlarning maslahatiga muhtojlik sezdim. Nega desangiz, ishlarim yurishmay qoldi. Goho pul topmayman, pul topsam uni sarflaydigan yer topmayman. Davosiz dardga yoʻliqqan kishiday sal sirlashadigan odam topilsa unga dardimni toʻkib soladigan boʻldim.
– Nega ishlaring yurishmay turganini bilasanmi? – dedi doʻstlarimdan biri.
– Bilmasam. Hisob-kitobga noʻnoqroqman.
– Gap unda emas, ogʻayni. Hisob-kitob deganing ikkinchi darajali masala. Birinchi masala ishning koʻzini bilishdir.
– Xoʻsh, ishning koʻzi nimada ekan?
– Shuni yaxshi bilginki, ishning koʻzi reklamada!
– Yoʻgʻ-e?
– Ha, shunaqa. Rivojlangan mamlakatlarda reklama, bu – hayot degani. Ishbilarmonlikni reklamasiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Hali sen tadbirkorlikning nozik tomonlariga, sir-asrorlariga oʻrganolmay turibsan. Shuning uchun ishlaring yurishmay qiynalib oʻtiribsan. Masalan, senda taxta bormi – bor. Bundan kimlar xabardor?
– Sen bilasan, Doʻspanbet biladi. Yerjanning xabari bor. Nurabilla eshitgan edi, keyin...

Doʻstim kulib yubordi.
– Bolaning gapini gapirasan! Mayli, biz har qaysimiz oʻnta odamga aytaylik. Nari borsa ellik-oltmish odam xabar topar. Taxta ularga yo kerak, yo kerak emas. Agar reklama qilsang, bir kunda yuz ming odam eshitadi. Ertasiga yarim million, indiniga esa bir yarim million odam xabar topadi. Ana shundan keyin koʻrasan savdoni!

Oʻylab koʻrsam, gapida jon bor. Ikki vagon taxta keltirganimga uch oy boʻldi. Endigina besh kubini sotdim, fanerlarim ham nam tortib borayotir. Bola-chaqamni bezor qilib, ularni kunosha shamollatib taxtlaymiz. Shiferlarimning bir qismi xaridor topilavermagach, oʻzining ogʻirligi bilan sina boshladi. Shuncha narsam pulga aylanmay turib qoldi. Agar reklama berganimda bularning bari sotilib, firmamning ishlari yurishib ketardi.

Ertasi kuni radioda reklama berdim. Kelasi kuni televizor orqali ma’lum qildim. Uch kundan keyin barcha gazetalarda «Toparmon-tutarmon» firmasida (ya’ni mening firmamda) xohlagan turdagi qurilish materiallari serobligi haqida reklamalar bosilib chiqdi. Reklama xaridor chaqiradi, deganlari rost ekan. Televizorda aytilgan kundan bir kun oʻtib bir yigit keldi.
– Kecha sizning firmangizda taxta bor deb aytganday boʻlishdimi?
– Ha, shunday, taxta bor.
– Qanday xillaridan topiladi?
– Xohlagan xilingizdan topib beramiz! Shifer qoqtirish uchun stropila kerakmi, pol uchun uchlik-toʻrtlik taxtami yoki oyna-eshik tuzatishga yaraydigan taxtami – xullas, hamma xilidan topiladi.
– Silliq qilinib randalangan kiygizma taxtadan-chi?
– Undan ham bor, usta qidirib yurmasdan oʻzingiz qoqaverasiz.
– Qani boʻlmasa, shu taxtalaringizning hujjatlarini bir koʻraylik-chi, – dedi haligi yigit gʻoʻddayib.
– Qanaqa hujjat? – dedim men. – Bari risoladagiday. Menda hujjatsiz, noqonuniy narsaning oʻzi yoʻq.
– Masalan, bojxona hujjati bormi?
– Albatta, bor!
– Qani koʻrsating!
– Nega koʻrsatar ekanman?

«Xaridor»im choʻntagidan xizmat guvohnomasini chiqardi.
– Bojxona boshqarmasidanman. Shubhali mollarni tekshirishga haqim bor.

Sira bu hujjatni birov soʻraydi, deb oʻylamagan ekanman. Uch oydan beri yotgan hujjatni agʻdar-toʻntar qilib zoʻrgʻa topdim. Taxta olar deb oʻylagan bu «xaridorim» hujjatlarni mudrab-mudrab varaqladi. Taqir yerdan chang chiqaradigan siyogʻi bor. Nihoyat oʻylaganimday boʻldi.
– Manavi ruxsatnomani kim berdi?
– Oʻqib koʻring, oti-zoti yozilgandir axir?
– Yozilgani uchun soʻrayapman-da! Oriqdan kelgan, uzun boʻyli yigitmi?
– Esimda yoʻq. Uncha e’tibor qilmagan ekanman.
– E’tibor qilmagan boʻlsangiz, bilib qoʻying. Bekjonov degan odam. Hozir qamoqda u.
– Qamoqda?!

Dastlab choʻchib tushdim. Keyin oʻzimga kelib soʻradim:
– Uning menga qanday aloqasi bor?

U ruxsat bergan materiallarning hammasi hozirgi kunda tekshirilmoqda. U bojxonamizning nomiga dogʻ tushirib, oʻgʻirlik mollarni oʻtkazib yuboravergan.
– Shunda mening taxtalarim ham oʻgʻirlikmi?
– Kim biladi? Balki shunday boʻlib chiqar? Buni tekshirib koʻrishimiz kerak!

Ana boshlandi. U «oʻgʻirlik mol» deb gumon qiladi, men hujjat qoldirmay koʻrsataman. U hech birini tan olmaydi. Uning aytishicha taxtani olgan joyimga borib qaytadan hujjat keltirishim kerak ekan. Shundagina taxtalarimning oʻgʻirlik narsa emasligiga ishonsa boʻlar emish. Boʻlmasa bosh-adoq davlat foydasiga musodara qilisharmish. Tekshiruvchi mingʻirlayverib tushgacha jonimni xalqumimga keltirdi. Reklama boʻyicha kelgan oʻnlab odamlar eshikni ochib, betoqat moʻralaydi. Men esa ularning holidan xabar olguday alfozda emasman. Nihoyat pichoq suyakka qadalar holatda tekshiruvchi bilan til topishdik.
– Xoʻp, akasi, boʻlmasa shunday qilaylik, – degan sado chiqdi undan. – Gilam sotsang, qoʻshningga sot, bir chetida oʻzing ham oʻtirasan, degan gap bor. Elga taxta olib kelgan ekansan, savob ish qilibsan, biroq kesmaguncha qonamaydi, degan gap bor...

Xullas, bojxona xodimi bir soʻm ham bermay uch kub taxtamni olib ketdi. Tushdan keyin boshimni quyi solib ishga zoʻrgʻa keldim. Yetti-sakkiz odam meni kutib turgan ekan.
– Ogʻaynilar, sizlar sal sabr qilib turinglar. Men kiramanu chiqaman, – deb bir badbashara kishi izimdan ergashdi. Tushgacha boʻlgan mojarolardan yurak oldirib qoʻyganim uchun unga gumonsirab qaradim. Unchalik tekshiruvchiga oʻxshamaydi.
– Kecha reklama koʻrgan edim, – deya u oldimga yaqinroq kelib oʻtirdi. Sizda shifer ham bormi?
– Albatta bor!

Bitning alamini burgadan olganday boʻlmasin deb haligi tekin ketgan uch kub taxtaning alami ichimni itday tirnab turgan boʻlsa-da, bu kishiga sezdirmay molimni maqtay ketdim.
– Oʻzi juda sifatli shifer. Yetti qobirgʻali. Singan, darz ketgan joyi yoʻq. Ustiga chiqib toʻp oʻynasang ham bilinmaydi.
– Oʻzimiznikimi yoki Rossiyanikimi?
– Rossiyaniki.
– Sotib olib keldingmi yoki biror narsaga almashtirdingmi?

Asta koʻz qirim bilan unga qaradim. «Sotib olib keldimmi, qarzga oldimmi yoki biror narsaga almashtirdimmi, buning nima ishi bor ekan?»
– Shifer olmoqchimisiz oʻzi? – dedim qovogʻimni uyib.
– Olamanmi, olmaymanmi bu ikkinchi masala. Siz mening haligi savolimga javob bering. Shiferni sotib oldingizmi yo biror narsaga almashtirib olib keldingizmi?

Ana xolos, yetimning ogʻzi oshga yetganda burni qonaydi, deganlari shu boʻlsa kerak? Reklama bersang ishlaring yurishib ketadi degan gap bekor ekan-da.

Bu xaridorim korruptsiyadan boʻlib chiqdi. Ikki ogʻizgina soʻzlab chiqaman degan bu nusxa kechga yaqin ikki yuzta shiferimni tep-tekinga olib tinchidi.
– Qoʻrqma, inim, qoʻrqsang ishlay olmaysan, – dedi u ketar chogʻida yelkamga qoqib. – Oʻzim ustingdan qush uchirmayman. Gʻayrat qilaver.

Ertasi kun boʻyi uydan chiqmay yotdim. Kechga yaqin telefonim jiringladi.
– Reklamani berishga berib oʻzing yashirinib yotibsanmi? – dedi birov oʻdagʻaylab.

Ana xolos! Tagʻin kim boʻldi ekan?
– Yoʻgʻ-e, yashiringanim yoʻq, sal mazam boʻlmay...
– Egri yoʻl bilan mol topsang, mazang boʻlmaydi-da!
– Qanaqa egri yoʻl? Hech qanday qingʻir yoʻl bilan mol topganim yoʻq!
– Xabarimiz bor, ertaga barcha hujjatlaringni olib soliq boshqarmasiga kel. Men Bodikov boʻlaman. 44-xonaga kelasan.

Bodikov degani borganingdan muddaosini ayta qolsa qaniydi. Yoʻq. Ishlarimni kovlashtira ketdi. Firmam ish boshlaganidan buyon hamisha soliqlarni kam toʻlagan emish. Ayrimlarini esa yashirganman. Yasama hujjatlar topganman, endi kelayotgan kvartalga ham soliq toʻlashim kerak emish.

Xullas, quyosh ogʻa boshlagach Bodikov degani zoʻrgʻa muddaosini aytdi. Ellik dona shifer kerak ekan.

Reklama berganimdan uch kun oʻtib-oʻtmay qocharga joy topolmay qoldim. Firmamning eshigini ochmayman. Uyda telefonning ham simini uzib tashladim. Shunda ham evini topib uchastka inspektori oʻnta deraza shishasi, prokuratura tergovchisi oʻttiz dona orgalit, sud ijrochisi esa sakkizta yogʻoch olib ketdi.

Arzimni kimga aytishimni bilmay hushim boshimdan uchdi. Shunday vaqtda joʻra-yoronlarning bori yaxshi ekan. Tagʻin ularni axtarib topdim.
– Reklama ber! – dedi ular.
– Oʻzi reklamadan kuyib oʻtiribman-ku.
– Aytganimizni qilaver, reklama ber!
– Firmamizda hech narsa yoʻq. Hech narsa bilan savdo-sotiq qilinmaydi, deb reklama ber!

Ularning aytganiday qildim. Boshqa ilojim yoʻq.

Rostdanam reklamada gap koʻp ekan, qulogʻim tinchidi-qoʻydi.

Endi oʻzimning narsalarimni oʻzim imi-jimida xaridor axtarib sotadigan boʻldim. Mabodo sizga ham qurilish materiallari kerak emasmi? Bir joyda bor, aytsangiz topib beraman. Faqat birov eshitmasin. Ts, jim!