OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMurza Gʻaparov
Asar nomiMurgʻobliklar (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Qirgʻiz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Murza Gʻaparov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonQurbon Sattor va Tursunboy Adashboyev (Qirgʻiz tilidan)
Hajm139KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Murgʻobliklar (qissa)
Murza Gʻaparov

Kechqurun yana yotoqxonaga qaytib keldim. Bir oydan buyon ta’mirlanayotgan uch qavatli yotoqxonaning birorta ham derazasidan yilt etgan shu’la koʻrinmaydi. Lekin dahliz yorugʻ edi. U yerda dam olishga ketgan eshik ogʻasining divanida komentdant yotibdi. Koʻzida koʻzoynak, ogʻzida papiros, qoʻlida gazeta. Bu kishi xotini va boʻyiga yetib qolgan qizi bilan binoning bir kunjida istiqomat qilishadi. Hozir xotini uxlab yotgan boʻlsa kerak, qizi esa soʻzsiz shaharga chiqib ketgan chogʻi, yoʻqsa komendant tun yarmigacha bu yerda yotmas edi. U qizini kutib yotibdi. Qizi esa shunaqa — hamisha kech keladi. Shaddodroq, arzanda qiz.

Men eshikning oynagini chertdim. Komendant qayrilib qaramasa ham, men ekanligimni bilishi shubhasiz, chunki, qizi kelsa menga oʻxshab oynakni chertkilab oʻtirmay, eshikni tepkilay boshlaydi.

Komendant ohista qarshimga kelib:
— Yoʻq, — dedi boshini chayqab, — ochmayman.
— Yana bir kungagina, — dedim men, shahodat barmogʻimni koʻrsatib.
— Sening «bir kuningga» bir oy boʻlib qoldi.
— Men bugun joy topib keldim, ertaga koʻchib ketaman.
— Topganing rost boʻlsa, bugunoq koʻchib ket. Oʻsha jomadon degan matohingni hozir keltirib beraman.
— Bugun kech boʻlib qoldi. Topgan hujram uzoqda, Bishkekda edi-da.
— Yetar, ogʻayni, izzating bitdi, — deb komendant yuz oʻgirib ketdi.
— Amaki... – dedim, iltijo bilan, lekin, komendant qiyo boqmay divanga borib oʻtirib, oʻchib qolgan papirosini oʻrniga yangisini oʻt oldirib cheka boshladi.

Ensam qotib, noiloj, eski, sinashta usulni qoʻllashga toʻgʻri keldi — derazadan baqamti qoʻyilgan temir shoti orqali xonamga kirib oldim. Mening bu «hiylam» komendantga ham koʻpdan ma’lum edi. Toʻrtta karavot, toʻrtta javonchadan iborat bu boʻlmada hozir faqat bir oʻzimman. Karavotlarning uchtasi yaydoq, toʻrtinchisida faqat bittagina toʻshak bor. Yaydoq karavotlarning egalari bir oy avval choʻntaklariga diplomlarini solishib, koʻkraklariga bittadan belgilarini taqishib, bu karavotlar bilan biratoʻla xayrlashib ketishgan. Anavu karavotda oʻn kun avval toʻshakdan tashqari koʻrpa, oppoq choyshabu par bolishlar ham bor edi. Oʻn kun ilgari hozirgidek kechasi kelsam, birgina toʻshak qolibdi. Shunisiga ham Xudoga shukur dedim.

Men chiroq yondirmadim, shundogʻam joyimni topaman, yechinsam bas. Aslida ham bu yerga faqat tunash uchungina kelardim. Endigina boʻyinbogʻimni yechganimda yoʻlakdan oyoq sharpasi eshitilib qoldi.

Eshikdan moʻralasam, qorongʻi yoʻlak boʻylab papirosning choʻgʻi hayinchalakdek uchib kelardi. Darhol yoʻlakdan oʻtib, uchinchi qavat zinapoyasiga bekindim. Komendant baribir sharpamni sezib qolibdi.
— Qochma, Oxun, — dedi u. — Baribir bugun seni bu yerga qoʻymayman.

Men nes boʻlib, oʻrnimda turib qoldim. Komendant mening xonamga kirib, matrasni ham yigʻishtirib oldi-da, yoʻlga tushdi. Quruq karavotda yotishning oʻzi boʻlmaydi. Noiloj ortidan ergashdim.
— Amaki, buguncha yoʻq demang.

Komendant goʻyo eshitmagandek, birinchi qavatga tushib, xuddi men olib qochib ketadiganday toʻshakni divanga toʻshab, ustiga yotib oldi.

Atayin meni «unutdi-qoʻydi». Men shalogʻi chiqqan kresloga borib, boshimni xam qilganimcha oʻtirib qoldim.
— Men ish topdim, — dedim nihoyat zora diydasini yumshatsam degan ilinjda. Bu sinashta usul bir necha marta kor kelgan edi. — Radioga muharrirlikka taklif etishdi.
— Iya, gazeta bilan xayr-ma’zur qildingmi? — dedi komendant istehzo bilan. — Esiz, muxbirligingga ikki kungina boʻluvdi-ya!

Jin ursin «muxbir boʻlganimni» unutib qoʻyibman-da.
— Unisiyam toʻgʻri edi, — dedim. — Lekin radioga borsam, bizga aynan talantli yoshlar kerak, bizga kelaver, deyishganidan, ularga va’da berib qoʻydim.
— Sayra-ya, sayra, — dedi komendant. — Roʻparangda nima desang laqqa tushaveradigan ovsar turibdi-da.

Men mulzam boʻlib, indamay qoldim. Ayni shu damda eshik taqqillay boshladi. Eshikning oynagidan qarasam, komendantning qizi — Oysha. Menga koʻzi tushgan qiz (ramziy) oʻpich hadya qildi. Men unga peshvoz chiqmoqchi boʻlganimda, otasi gʻimirlab qoldi. Komendant — oltmishni qoralab qolgan, burama moʻylov, boʻtqa bet, semiz kimsa, shoh tashlab borib eshikni ochdi.
— Qizim, bemahalda yurma, deb necha marta aytganman senga, – deya odatdagi diydiyosini takrorladi. — Hozir bezorilar koʻp, birortasining changaliga tushib qolsang, nima boʻladi?
— Mendan xavotirlanmang, ota, meni olib kelib qoʻyishadi, — dedi qiz, ichkari kirayotib.

Menga koʻzi tushgach: — Yaxshimisan, Oxun, ishlaring qanday? — deb soʻradi.

Men koʻrib turibsan-ku, deganday yelkamni qisib qoʻydim.
— U bugun gazetadan boʻshab, radioga ishga kirib kelibdi, — dedi komendant. — Odamlar ish topolmay yursa, bunga kunora yangisi.

Eski dahmazamizni tushungan qiz, hazin jilmayib qoʻydi. Cholning qizi menga yoqardi. Suluv, aql-hushdan ham xudo bergan. Divandagi toʻshakni unga ishora qilib qoʻydim.
— Oralaringizdan yana qora mushuk oʻtdimi? — deb soʻradi qiz otasidan.
— Ketsin! — dedi otasi. — Menga boʻlmasa ham, besh yil shu yotoqxonadan tekin joy berib, oʻqitgan hukumatga rahmat desin-da, ketaversin. Izzati bitdi.
— Sizdan nima ketyapti, ota? Shu uvada toʻshakning nimasini qizgʻanasiz? Imkoni boʻlganda ketadi-da. Oysha toʻshakni yumaloqlab, kelib menga quchoqlatib qoʻydi.

Koʻzining oqu qorasi boʻlgan qizini komendant jonidan ham yaxshi koʻrardi.
— Mayli, yana bir kechaga, — dedi menga aynan «kechaga» soʻzini takrorlab. — Ammo, aytib qoʻyayin, bola, ertaga yana keladigan boʻlsang, Oyshangga ham ishonma, shundoq yelkangdan ushlayman — oʻzingni hovlida koʻrasan. Yur!

U qizini oldiga solib, oʻzlarining yotogʻi tomon ketdi. Yoʻl-yoʻlakay Oysha menga doʻstona koʻz qisib qoʻydi.

Men toʻshagimni karavotimga toʻshab, uyquga yotdim. Kun boʻyi koʻp yurganimdan, tezda uyquga ketibman. Bir mahal yuzimga birovning muzdek lablari tekkanini sezdim. Bu, shubhasiz, Oysha edi. Men koʻzimni ochmasdan, uni quchoqlab, mahkam bagʻrimga bosdim. Egniga xalat kiyib olibdi. Biz bir lahza yalab-yulqashib oldik. Qizdan oʻta xushboʻy atir va shampan vinosining hidi burqirardi.
— Xoʻsh, malikam, ayting-chi, bugun qayerlarda, kimlar bilan boʻlib, nima ishlar qilib keldingiz? — deb soʻradim undan.

Oysha mendan hech narsani yashirmasdi.
— Tushgacha kir yuvdim, tushdan keyin kinoga bordim, — dedi u.
— Kim bilan bording?
— Kandidant bilan.
— Keyin-chi?
— Keyin restoranga, restorandan soʻng uning uyiga bordik.
— Ox-xo-o! Ilgari ham borganmiding uyiga?
— Yoʻq, borsam aytmasmidim. Hozir ham bormas edim, tanishganimizga bir oy boʻlsa ham sen mening uyimni koʻrganing yoʻq deb, yelimdek yopishib oldi. Uyida esa koʻrishga arzigulik narsasi ham yoʻq ekan. Qoʻydi-chiqdidan tekkani: bir javon, bir stol, televizor, ikki kishilik eski karavot, xolos.
— Keyin-chi? Keyin nima dedi?
— Nima deyishini uyiga bormay turib ham bilar edim. Nima der edi, karavotga yur deydi-da. E, hozir erkak zoti bilan samimiy, insoniy izzat-hurmat bilan doʻstlasha olmaysan. Birinchi kuni — «siz», «biz». Ikkinchi kuni oʻpishsa, uchinchi kuni karavotga yotishingni talab qilishadi. Hammasi buzilgan! Hammasi! Faqat sen buzilganingcha yoʻq. Sening or-nomusing bor. Men senga ishonaman. Men seni besh yildan beri bilaman, sen biror marta quyushqondan chiqib, qoʻlingni belimdan pastga tushirganing yoʻq...

... Ha, bunisi haq gap edi. Oysha, deyarli mening koʻz oʻngimda voyaga yetdi. Bundan besh yil muqaddam men oʻzim, oʻn sakkizdagi boʻz bola edim, komendant aytgan oʻsha yomon jomadonimni koʻtarib shu dargohning ostonasiga kelganimda, Oysha oʻn uchdagi yoshgina qiz edi. Ayvon sahnida abituriyent qizlar bilan toʻp oʻynayotgan shu qizchadan birinchi yotoqxonani soʻraganimda, koʻrsatib beribgina qolmay, komendantning qayerda turishigacha aytib bergan. Keyin bu qiz komentdantning qizi va mening qoʻshnilarimdan biri ekanligini bildim.

Biz xuddi aka-singillardek apoq-chapoq boʻlib ketdik. Oʻtgan yilgacha mening nazdimda u hamon mishiqi qizchaydi. Oʻtgan yili ilk bor, toʻsatdan uni goʻzal, ketvorgan boʻlib yetilib qolganini payqadim. Oʻsha kuni bizning filfakning yangi yil kechasi boʻlgandi. Oysha kunduzi mening oldimga kelib: «Oxun, kechalaringizga bitta taklifnoma topib ber» — deb qoldi. «E, ha-a, yigit topib olibsiz-da-a, oyimcha», — deb hazillashdim men. «E-e, jinni, mening oʻzimga» — dedi Oysha. «Sen chiptasiz ham kiraverasan. Seni butun universitet biladi», dedim. «Buning toʻgʻriku-ya, lekin, men birovga yolvorib emas, maxsus taklifnoma bilan kirishni xohlayman», dedi jahli chiqqan Oysha. «Topib, bermasang qoʻy, oʻzim topib olaman», — deb burilib ketayotganda shosha-pisha oʻzimning chiptamni qoʻliga tutqazdim. U «Rahmat» deb, mamnun jilmayib, yugurib ketdi. Oysha to shu kungacha bizning har qanday marosimlarimizga hech takallufsiz aralashib yurardi. Bugun esa... Uning bugungi «dimogʻ-firogʻi» menga jumboq, moʻ‘jizadek tuyuldi. Haqiqatan ham «moʻ‘jiza» tunda yuz berdi: bal rosa avjiga chiqqan payti. Men ham kursdosh qiz bilan raqs tushardim. Toʻsatdan malikamga koʻzim tushib qoldi. Bir chetda, tanho oʻzi. E, voh, oʻshanda bir koʻrsangiz edi uni! Sochini kattalardek qiyomiga keltiribdi. Bari naq toʻpigʻini oʻpib, navnihol, nozik qomatini koʻz-koʻz qilgan bejirim koʻylak egnida. Oyogʻida chiroyli tufli. Xushbichim quloqlarida nozik isirgʻa, oppoq, boʻynida marjon, barmoqlarida qimmatbaho uzuklar yalt-yulti... Avvallari bunaqangi kechalarga kelsa, koʻpkaridagi chavondozdek galaga urib ketaveradigan shaddod qizcha, bugun goʻyo, oʻz husnu-malohatidan oʻzi gunohkordek, iymanib qovushmay turibdi. Ammo, ayni damda, xuddi oʻzining birinchi baliga kelgan Natasha Rostovaga oʻxshab, koʻzlari porlab, hayajon bilan raqsga talpinib turganday... Men shu kungacha uni bunday qiyofada koʻrmagan edim. Hozir qarshimda birdaniga boʻyiga yetib qolgan ilohiy sohibjamol turardi. Ushbu lahzalarda qalbimning qayeridadir nozik bir rishta «chirt» etib uzilganday boʻldi...

Biz raqsga tushayotgan kuy tezroq tugasa ekan deb jonim halak. Raqsimiz tugaguncha uning nigohini bir marta toʻqnashtirib, koʻzimni qisib qoʻydim. Qizning chehrasida sevinch alomati koʻrinib, ibo bilan jilmayib, boshini sarak-sarak qilib qoʻydi. Kuy tugashi bilan men qizning oldiga borib, uni yangi boshlangan raqsga yetakladim. Bu mening Oysha bilan birinchi raqsim edi.

Raqs tugagach, goʻyo birov mendan tortib olib qoʻyadigandek, uni yuqori qavatga yetaklab chiqib ketdim. Shu yerda, qorongʻi yoʻlakda, sirtda yogʻayotgan qorning epkini kelib turgan ochiq deraza oldida birinchi bor uni oʻpdim...
— Ox, qanday maza? — dedi qiz.
— Nima maza? — deb soʻradim, merovlanib.
— Sening boʻsang, — dedi, qizi tushmagur.

Keyinroq bilsam, bu parivash oʻn toʻrt yoshdan beri tengqur yigitchalar bilan «lab urishtirib» kelar ekan... Oʻn sakkizga hatlab, oʻninchi sinfni bitirib, universitetga oʻtmay qoldi. Mana shunaqa bizning bu Suluv...
— Sen nima deding, kandidatning bu taklifiga? — deb soʻradim men.
— Rad etdim, albatta. Men kursida oʻtirib ham dam olaveraman, karavotga ZAGSdan keyin borib yotaman, dedim.
— U-chi?
— Qoʻlimga pasportini berib, ishonmasang, mana, ertagayoq borib, roʻyxatdan oʻtib kelamiz. Karavotga esa bugun yotaveraylik, dedi. Yoʻq, karavot — ZAGSdan soʻng... Avval ZAGS, keyin — karavot... Hafsalasi pir boʻlgach, taksi chaqirib, joʻnatib yubordi.
— Barakalla, hamisha shunday boʻlgin, — dedim men.
— Boʻlmasam-chi, unga aldanadigan ahmoq bormi?!
— Yana taklif qilsa boraverasanmi?
— Qaydam... Uning va’dalariga hech ishongim kelmaydi. Bilsang, Oxun, shunchalar baxtsizmanki...
— Ovsar, — dedim men, uning manglayidan oʻpib. — Baxt nimaligini qayoqdanam bilarding hozir.
— Oxun, menga uylan-chi. Men senga binoyidek xotin boʻlaman.
— Yoʻq. Aytgandim-ku, qirq yoshimda uylanaman deb.

Yoshlik ekan-da, haqiqatan ham shunaqa e’tiqodim bor edi.
— Unda men seni qirqqa chiqquningcha kutaman, maylimi?

Men qah-qah otib yuborishdan oʻzimni tiyib qololmadim:
— Kuta olmaysan, — dedim.
— Yoʻqsa, men ungacha bir erga tegib chiqsam, nima deysan?
— Bunisiyam muammo. Men qirqqa chiqquncha, sen besh bolaning onasi boʻlib qolasan. Besh boladan voz kechish mumkin emas.
— Ha, mayli meni olmasang, olma. Baribir seni sevaman. Mana koʻrasan, kimga tegmayin, seni oʻynash qilib olaman.
— Tentak.
— Hoziroq oʻynash qilib olar edim-u, lekin, birinchi erga bokiraliging bilan borishing kerak-da.
— Toʻgʻri. Birinchi erga iffating bilan borishing kerak.

Oysha meni oʻpib qoʻydi.
— Mening oqilim, — dedi u. — Mening nasihatgoʻyim. Bilsang, seni otam bilan onam ham yaxshi koʻrishadi.
— Be-e, qoʻysang-chi...
— Yolgʻon aytsam til tortmay oʻlay. Tunov kuni dasturxon ustida sening «hasratingni» qilishdi.
— Unda nega otangning meni koʻrgani koʻzi yoʻq.
— Otam ikkalamizdan shubha qilib qolibdi. Rost-da, kunora hojat bahona gumdon boʻlib ketsam... Falokat yuz bermasa deb qoʻrqadi. Quruq karavotni «qizgʻangani» shundan.

Shu choq yoʻlakning bosh tomonidan otasining tahdidli ovozi kelib qoldi:
— Oysha! Hoy, Oysha! Hoʻ-oʻ yer yutgur...

Ikkalamiz ham qoʻrqib ketdik. Oysha meni «choʻlp-choʻlp» oʻpib oldi-da, xonadan «uchib» chiqib ketdi. Hoynahoy mening boʻlmamning roʻparasidagi hojatxonaga kirsa kerak. Men yolgʻondakam uyquga ketdim. Komendant xonaga kirib lampochkani yondirdi.
— Ha-ya, uxlayapsanmi? — dedi kesatib. — Oysha qani?

Men koʻzimni ochmadim. Ayni damda hojatxona tomondan suvning qattiq sharillagani eshitildi. Komendant chiroqni oʻchirmasdan chiqib ketdi.

Yoʻlakdan uning: — Shu yerda ekanligingni bilardim! — degan sasi eshitildi. — Nega ayollarniki qolib erkaklarning hojatxonasiga kirding?
— Ayollarning hojatxonasiga suv kelmay qolibdi, — dedi Oysha.
— Qasam ichma! Men hozir oʻsha yerdan keldim.
— Demak, keyin ishlab qolgan-da.
— He-e, yashshamagur seni...
— Voy-voy-voy, — degan Oyshaning chinqirigʻi eshitildi. Chamasi, otasi uning qulogʻidan choʻzdi.

Ota-bolaning qadam tovushlari eshitilmay qolgach, koʻnglim joyiga tushib, uxlashga harakat qildim. Lekin koʻp oʻtmay komendant yana xonamga kirib keldi. Chiroq hamon yonib turardi. Men koʻzimni yumib, hurrak torta boshladim.
— Yana hurrak otganiga oʻlaymi, buni! — dedi komendant. — Hoy bola, oʻrningdan turgin-u, koʻzimdan daf boʻl! Yoʻqsa, hozir seni...

Men koʻzimni ochib, hayron boʻlgandek tikildim unga:
— E-e, sizmi bu... Tinchlikmi?
— Ho-o, shunaqami, — dedi dargʻazab komendant. — He, otangni arvohiga seni... — U urinib-surinib, karavot tagidan mening jomadonimni tortib oldi-da, ochiq turgan derazadan tashqariga uloqtirdi. — Endi tushundingmi nima boʻlganini? Qani, joʻna?

Komendant mening tagimdagi toʻshakni sugʻurib olib, xonadan chiqib ketdi. Men ich kiyimda muzdek karavot ustida qolaverdim. Biroq, sim karavot ustida koʻp oʻtirish mumkin emasdi. Oʻrnimdan turib, kiyina boshladim. Bu yerdan ketmasam boʻlmay qoldi.

Lekin, qayoqqa?! Besh yilning badalida bu shaharda birorta xonadondan tanish-bilish orttirgan emasdim. Baribir ketish kerak degan qarorga keldim.

Chiroqni oʻchirib, uzun yoʻlakka chiqdim. Quturgan komendantning turqini koʻrgim kelmay, boyagi shoti bilan jomadonim oldiga tushib bordim.

Bechora jomadonim. Aza tutsang arziydigan ahvolga kelib qolibdi. Besh yillik sodiq hamrohim. Besh yilning ichida besh marta olis Novqatdagi oʻrik va shaftolilarga burkangan shinam qishloqqa borib kelgan. Qishloq xoʻjalik yumushlariga borganimda, boshimga bolish boʻlgan. Yozsang bir hikoyaga «masalliq» boʻlguday tarjimai holi bor.

Men jomadonimni olib, uyqudagi shaharning kimsasiz koʻchasi boʻylab yurib ketdim. Biz jomadonim ikkimiz universitetni shunday tamomlab, shu tarzda xayrlashdik. Bizni besh yil tekin oʻqitib, besh yil bepul yotoqxona bilan ta’minlagan hukumatga rahmat. Komendantga ham...

* * *

Men shu ketgancha toʻgʻri shaharning oliymaqom mehmonxonasiga kirib bordim. Mehmonxonaning yoʻlagida «Choʻponlarning slyoti ishtirokchilariga alangali salom!» degan lavha osib qoʻyilibdi. Odatda, bunaqa paytlarda boʻsh joy topilishi mushkulroq boʻlguvchi edi. Noumid shayton, zora, omad kulib boqsa.

Koʻzoynak taqqan, istarasi issiq ma’mur qirgʻiz ayol bilan salom-alik qilgach, joy bormi, deb soʻradim. Ayol boshi bilan tasdiq ishorasini qildi. Men shosha-pisha pasportimni uzatgach, shaxsiy «ishkalimni» bayon qilishga kirishdim: (Pasportimda hamon shahar fuqarosi maqomiga ega edim. Shaharda yashovchilarga esa, mehmonxonalardan joy berilmasdi.)
— Opajon, men oʻzim shaharda yashayman, — deb boshladim, gunohkorona ohangda. — Uy-joyim bor. Lekin, kutilmaganda qishloqdan ota-onamlar kelishib qoldi. Sigʻishmasdan, noiloj bu yerga keldim. Bir kechaga yoʻq demaysiz.
— Ikkitagina odam kelib, uyingga sigʻmay qoldingmi? — dedi ayol pasportimni varaqlarkan.
— Bilsangiz, uyim bir xonadan iborat. Oʻzimiz esa toʻrt jonmiz. Xotinim, ikkita bolam bor.
— Pasportingda bola-chaqang yozilmabdi-ku.

Odatda, pasportning tegishli joyida oila a’zolaringizni umumiy roʻyxati qayd etilgan boʻladi. Bu yogʻiga men «qovun tushirgan» edim.
— Biz hali oilaviy roʻyxatdan oʻtganimizcha yoʻq edik, — dedim.
— Ikki bolali boʻlguncha-ya? Unda bolalaring kimning nomida?
— Xotinimning nomida.

Ayol ishonqiramay bir qarab olib:
— Mayli, faqat bir kechaga ruxsat, — dedi.

Yelkamdan togʻ qulaganday boʻldi. Qoʻlimga ruxsat qogʻozini berguncha ayolni rahmatu tashakkurga belab tashladim.

Xona ikki kishilik ekan. Karavotlarning birida egnida kiyimi bilan bir qishloqi yigit yotibdi. Yoshi oʻttizlar chamasida, oʻrta boʻyli, taram-taram beti tovoqday. Qoʻlida «Chalqan» jurnali. Kulguning zoʻridan bu dunyoni unutgan edi. Salom bersam ham sezmadi. Men boʻsh karavotga borib yechina boshladim. Birpasdan soʻng yigit jurnalni tushirib yubordimi yo oʻzi yerga tashladimi, kulganicha oʻrnidan turdi.
— Oʻta qiziq ekanmi, — deb soʻradim.
— Asti soʻrama, — dedi yigit. — Tavba, ichaklarim uzilib ketdi. Vaha-ha-ha... Bir odam xotinimni oʻgʻirlab ketishdi, topishga yordam beringlar, deb yozibdi. Jinni boʻlmasa, bitta xotinni eplay olmay, oʻgʻirlatib yuboradimi? Mening bobomning uchta chiroyli xotini boʻlgan, uchalasiga ham gard qoʻndirmagan, azamat. Bu-chi, he-e, landovur...
— Issiq suv bormi? — deb soʻradim yigitdan.
— Nima? Ha-a, suvmi... Bilmadim, men sovuq suvga oʻrganganman.

Men nochor jilmayib qoʻydim.
— Qayerdan kelayapsan? — deb soʻradi u.
— Moskvadan, — deb qoʻydim.
— Moskvadan? Iya, oʻsha yoqda yashaysanmi?
— Hovva.
— Unda nega men seni u yoqlarda koʻrmadim? Men bu yil Moskvada boʻldim.

Men sochiqni olib dushga joʻnavordim. Bir lahza lol boʻlib turgach, kulib yubordim.
— Moskvaga nima yumush bilan borgan eding? — soʻradim undan.
— Yigʻilishga, — Yigit kursidagi pidjagini olib, unga qadalgan medalni koʻrsatdi. — Oʻzaro tajriba almashdik.
— Oʻx-xoʻ, doʻstim, sen hazilakam odam emas ekansan-ku, — dedim unga tan berib.
— Men haqimda gazetalarda yozishgan. Oʻqigandirsan: ismim Maman, familiyam Sulaymonov.
— Oʻqimabman. Lekin, senga qoyilman, Maman.
— Men bilan hamma yerda hisoblashishadi.
— Hisoblashmay koʻrishsin-chi, hokimiyatning vakili boʻlsang...

Dushning boʻsagʻasiga yetganimda, xayolimdan bir narsa «yalt» etib oʻtdi:
— E-e, oʻlma, Maman, balki menga sening yordaming tegib qolar...
— Qanday, ayt-chi, qanday yordam kerak senga?
— Moskvada yashayman, deb, senga yolgʻon gapirdim.
— Oʻzimam shundoq deb oʻylovdim. Rost boʻlganida seni u yoqlarda koʻrardim-da.
— Xuddi shunday. Men universitetni bitirdim. Pomirda Murgʻob degan bir qirgʻiz tumani bor ekan, oʻsha yoqqa oʻqituvchi boʻlib borasan deyishuvdi, koʻnmadim. Bu yerda esa ishning iloji boʻlmayapti. Sen men uchun bir harakat qilib koʻrmaysanmi?
— Yoʻq. Mening qoʻlim bu yerlarga yetmaydi. Men — Tojikistonning fuqarosiman. Bu yerga yigʻilishga vakil boʻlib kelganman.
— Shunday degin.

Men yana dushga yuzlanganimda:
— Hoy, toʻxta-chi, nega Pomirga bormading, — deb soʻrab qoldi Maman.
— Qoʻyatur-chi, buning tarixi uzun, — dedim. Rost-da, dabdurustdan obi-diyda qilish ham yaxshi emas.
— Bekor qilibsan, — dedi u.
— Nega? — dedim men hayron boʻlib.
— Bizning yerlarimiz ajoyib, senga soʻzsiz yoqardi.
— Qiziq, sen oʻzing Pomirlikmisan?
— Ha-da, sen aytgan oʻsha qirgʻiz rayonidanman. Xoʻp desang, seni birga olib ketay.

Men jilmayib:
— Koʻramiz. Avval dushga tushib olayin-chi, sizlarda dush ham boʻlmasa kerak, toʻgʻrimi? — dedim.

Men dushga kirib, yechinib ulgurmasimdan, Maman ostonaga kelib turib oldi. Uning oldida yechinishga uyaldim.
— Bacha, sen bekor qipsan, — dedi Maman. «Bacha» degan soʻzning ma’nosini keyinroq bilsam, pomirlik qirgʻizlarning shevasida «doʻst», «ogʻayni» degani ekan. Bizning tuman maktablarida oʻqituvchilar yetishmaydi. Shuning uchun ham shahar bedarvoza — podachisi ham muallimlikka da’vo qilaverishadi. Senga oʻxshagan oliy ma’lumotlilar esa, borishmaydi. Borishsa ham, bir yilgina ishlab, xayr-ma’zurni nasiya qilishadi. Yerimiz binoyidek, elimiz yaxshi. Birgina qusurimiz — shahardan yiroqmiz. Oʻzing ayt-chi, oʻqituvchi boʻldim deganlarning bari shaharda qolaversa, qishloqdagi bolalarni kim oʻqitadi? — Maman mendan javob kutganday jimib qoldi. Men indamadim. — Men-ku, qoʻyimni boqib yuraveraman, bolalarga uvol boʻldi. Bolalar qoloq...

Maman soʻzlashdan toʻxtadi. Men ham nimadir deyishim kerak edi.

Men beixtiyor: — Pomirda odamlar tutakdan[1] oʻlib turadi, deyishadi, shu rostmi? Havosi siyrak-da, – deb yuboribman.
— O-o-la, rosa laqma ekansan-ku, — dedi Maman. — Tutakdan odam oʻlaversa, Pomir allaqachon huvillab qolmasmidi? Oldi-qochdilarga ishonaverma. Undan koʻra, oʻzing borib, yashab koʻr. Agar tutak yoqangdan oladigan boʻlsa, menga ayt, hokimning qora «Volga»sida Qirgʻizistoningga kuzatib qoʻyaman.

Men jilmayib qoʻydim. Buni koʻrib Maman yanada jonlandi.
— Rostdan ham, bacha, bir borib koʻrmaysanmi? — dedi u. — Yoqsa ishlab qolasan, yoqmasa, zorimiz bor, zoʻrimiz yoʻq. U yerda ham hokimiyat bor, bir yil ishlagach, ketaverasan. Qalay, ma’qulmi?
— Oʻylanib koʻrayin, — dedim men. Rostdan ham oʻylab koʻradigan taklif edi.
— Mayli, — dedi Maman. — Men seni zoʻrlamayman. Ertaga ketaman. Manzilimni qoldiraman. Agar, borging kelsa, shu yerga toʻgʻri boraverasan. Men u yerdagilarning hammasiga tayinlab qoʻyaman.
— Juda yaxshi, men yuvinib chiqqunimcha manzilni yozib tur.

Maman eshikni yopib, joyiga ketdi...

Yaxshi boʻlgan ekan. Shaharda yana bir haftacha turib, Pomirga ravona boʻldim.

* * *

Men qishloqqa qanday kirib kelganimizni bilmay qoldim. Yoʻlda uxlab qolibman. Haydovchi uygʻotdi. Oʻn sakkiz yoshlardagi bola. Uning bilan tuman markazi — Murgʻobdayoq tanishib oldim. Ismi Sharip ekan.

Men kabinadan chiqib, qishloqni koʻzdan kechirdim. Bu qishloqni tasavvur qilishingiz uchun, toʻrt fasl choʻqqisidan qor arimaydigan, yelkalari yaydoq, xoʻmraygan, ayqash-uyqash togʻlarni koʻz oldingizga keltirishingiz kerak. Togʻlarning orasida son-sanoqsiz daralar, jilgʻalar mavjud. Ilgari bir Olaylik oqin pomirlik qirgʻizlarning turmush manzarasini: «Har jilgʻada uyi bor, har bir uyda biyi bor», deb she’rga solgan ekan. Oʻsha oqin aytganday, bu qishloqlarning barchasi yil oʻn ikki oy mazkur daralar va jilgʻalarda umrguzaronlik qilishar ekan. Men kelgan qishloq ham bir necha jilgʻalarning kindigi — torgina darada edi. Darada hatto bittagina toʻrgʻay qoʻnadigan birorta nihol yoʻq. Darani ikkiga boʻlib oʻtadigan katta daryoning suvi sutdek oppoq Sohilning bir tomoni choqqina yam-yashil oroldan iborat. Orolda soʻppaygan bittagina uy. Qishloqdagilar hazillashib «Tayvan» deb atashadigan ushbu oroldagi yolgʻiz uyda oʻn toʻqqiz yashar qizi bilan Toʻliboy degan mergan yashar ekan. Sohilning ikkinchi yuzi baland, tuprogʻi bilqillagan boʻz daladan iborat. Qishloq mana shu yerga joylashgan boʻlib, oʻttiz chogʻli xonadonga ega. Uylarning yigirma beshtachasi yakkash boʻz rangda, qolgan besh-oltitasi katta-katta, oqlangan imoratlar. Oqlanganlari — kolxozning idorasi, klubi, maktabi, magazini, mehmonxonasi, bittasi esa qishloq raisining uyi. Uylar bari gavjum, lekin tartibsiz joylashgan. Eng chekkadagi uydan besh yuz odimcha narida koʻrimsizgina qabriston. U yerdagi qabrlarning soni, qishloqdagi uylarnikidan uch-toʻrt hissa koʻproq edi. Qabristonda pishiq gʻishtdan urilgan, tepasiga qoʻtosning dumidan tugʻ qadalgan bittagina sagʻana bor. Qoʻtosning dumi tinimsiz esadigan shamolda hilpirab turadi. Bu sagʻanani qishloq raisi men kelmasimdan ikki yil burun otasining qabri ustiga koʻtartirgan ekan.
— Pomir deganlari shu ekan-da, — dedim men qishloqni tomosha qila turib. Ichimda bu yerga kelganimga afsuslandim.
— Siz boshqacha tasavvurda edingizmi? — deb soʻradi Sharip, jomadonimni mening yonimga qoʻyar ekan. Past ohangdagi kesatiq emas, shunchaki qiziqish bor edi.
— Maktablaring qaysi? — deb soʻradim uning savoliga ataylab.
— Hoʻ, anavisi, — dedi Sharip, oqlangan uylarning birini koʻrsatib. Keyin men bir qarorga kelmasimdan, mashinasiga oʻtirib, chang toʻzgʻitganicha, joʻnab ketdi.

Qayoqqa borishimni bilmay, anchagacha turib qoldim. Atrofda biror kimsaning qorasi koʻrinmaydi. Oqlangan uylar oʻrtasidagi yalanglikda egar-jabduqli yolgʻiz qoʻtos mudramoqda. Har qaysi uyning devoriga navbat bilan choptirib, qora Boʻynoq dikonglab yuribdi. Qishloq sukunat ogʻushida. Bir mahal maktab binosining ichidan bolgʻaning «toʻq-toʻq» degan ovozi eshitilib qoldi. Men jomadonimni joyida qoldirib, oʻsha tomonga yurdim. Maktab ta’miri hali tugallanmagan ekan. Qorongʻi yoʻlakda partalar, sinf doskalari, mashhur kishilarning portretlari sochilib yotibdi. Eshigi ochiq xonalardan ohak bilan boʻyoq hidi anqiydi. Lekin, biror kimsa koʻrinmaydi. Xayriyat, boyagi «»toʻq-toʻq» yana eshitilib qolib, mushkulimni oson qildi.

Xonalarning birida bir kishi parta tuzatish bilan ovora ekan. Yoshi qirqlarda novcha, egnida qora chiybahmaldan jomakor, oyogʻida qayish etik, boshida tumoq.
— Assalomu alaykum, — deb, oʻzimning kelganimdan darak berdim.

U kishi meni koʻrib, bolgʻasini tashlab:
— Vaalaykum assalom, — dedi, samimiyat bilan qoʻl uzatib. — Xush kelibsiz!
— Xushvaqt boʻling. Men Bishkekdan keldim, oʻqituvchiman, — dedim. — Menga maktabning direktori yoki ilmiy mudiri kerak.
— E-ha-a, Maman aytgan yigit siz ekansiz-da, — dedi u quvonch bilan.
— Topdingiz, — dedim men. — Mamanning oʻzi qayoqda boʻldi ekan?
— Mamanmi? Kecha viloyatga majlisga ketgandi. Indinlarga kelib qoladi. Zap kelibsiz-da. Qani, bir tanishib olaylik-chi. Mening ismim Mamit. Shu maktabning ilmiy mudiriman.

Men xijolat tortib:
— Uzur, men sizni usta ekan deb oʻylabman.
— Hechqisi yoʻq, — dedi u. — Ustachilik ham qilaveramiz. Biz maktabimizni har yili oʻz kuchimiz bilan ta’mirdan chiqaramiz. Koʻch-koʻroningiz qayoqda?
— Tashqarida.
— Unda, yuring, men sizni, sizga atalgan uyga eltib qoʻyay.

Biz maktabdan chiqib, jomadonim sari borar ekanmiz:
— Bu deyman, nega qishlogʻingizda suv quygandek jimjitlik? Hamqishloqlaringiz qayoqda? — deb soʻradim undan avvalgi jimjitlikni koʻrib.

Ilmiy mudir kulib:
— Bizning turmushimiz shunaqa, erta bahordan, to kech kuzgacha manavi uylarda hech kim yashamaydi. Hammasi yaylovda boʻlishadi.
— Demak, bu yerda yil davomida uch-toʻrt oygina yashashar ekan-da?
— Ha. Shundayam barcha toʻkis koʻchib kelmaydi, koʻpchiligi yil boʻyi yaylov bilan qishlovlarda qolib ketishadi.
— Nega endi?
— Mol boqishadi.
— Oʻqituvchilar, oʻquvchilar-chi, ular qayoqda?
— Oʻquvchilar ta’tilni ota-onalari bilan oʻtkazishadi. Oʻqituvchilarimiz oʻquv boshlanadigan kunga oʻquvchilarni yigʻib kelgani ketishgan.

Shu mahal bizga yaqin yerdagi uydan bolaning yigʻisi eshitilib, unga boshqalari ham joʻr boʻla boshladi.
— Bu qanaqa «xor» boʻldi? — soʻradim men, hayrat bilan.
— Birinchi sinfning oʻquvchilari, — dedi ilmiy mudir. — Bugun yaylovdan kelishgan. Tanishasizmi?

Biz oʻsha yoqqa burildik. Bir necha eshikli uzun uy. Ochiq turgan eshik tomon yurdik.
— Bizning xoʻjaligimiz shu uyda, — dedi ilmiy mudir odatdagidek jilmayib. — Yotoqxonamiz ham, omborimiz ham, oshxonamiz ham shu.

Ochiq turgan eshik — bir dahliz, bir katta boʻlmadan iborat oshxona ekan. Dahlizda bir ayol kuymalanib yuribdi. Katta boʻlmada ustiga yelim mato yopilgan uzun stol. Uning ikki tarafiga bittadan uzun oʻrindiq qoʻyilgan. Oʻrindiqlarda simdagi qaldirgʻochlardek tizilishib, yetti-sakkiz yoshlardagi oʻgʻil-qizlar oʻtirishibdi. Bolalar oldilaridagi boʻtqaga qaramay, yigʻiga zoʻr berishardi. Stolning bir boshida chorpahildan kelgan, kirza etik, tumoq, fufayka kiygan bir erkak, ikkinchi boshida yigirma, yigirma besh yoshlardagi, novcha, chiroyli kelin turardi. Ikkalasi ham bolalarni ovutib, ovqat yedira olmay halak.

Bizni birinchi boʻlib kelin kutib oldi. U hayron boʻlib, menga qaradi.
— Yaxshimisizlar, — dedim men kelinga.
— Shukur, keling, keling, — dedi u, sipogina.

Erkak ohista istiqbolimizga yurdi. U yoshi oʻttizlarda, zahil yuzli, koʻzlari qiyiq, sovuq nigohli kimsa edi.
— Maman aytgan muallim shu yigit ekan, — deb tanishtirdi meni.
— Saqtan, — dedi erkak menga qoʻl berib. — Saqtan Qachibekov. Matematika muallimiman. Men siz bilan elatdoshman.

Men ham oʻzimni tanishtirib oʻtdim.
— Bu kelinning ismi Roqiya, — shu bolalarning muallimasi, — dedi Mamit.
— Mening xotinim, – deb izohladi Saqtan.

Uning husnbuzarday bu qistirmasi: «Esingdan chiqarmay, qadamingni bilib bos», deganday menga erish tuyuldi.

Men kelinga ta’zim qilib qoʻydim. Kelin avvalgidek sipogina jilmayib, boshini biroz egib qoʻydi.
— Nega yigʻlayapsizlar? — dedi Mamit bolalarga yuzlanib.

Uning bu gapidan soʻng, biz kirganda alahsib, jimib qolgan bolalarning chehrasida yotsirash va qoʻrquv paydo boʻldi. Kutilmaganda bir bola «avj pardadan olvordi-yu» qolganlari ham yoppasiga unga joʻr boʻla boshlashdi.
— Boʻldi! Bas qilinglar! — dedi Roqiya poʻpisa aralash.
— Togʻning bolalari shunaqa yovvoyi boʻladi, — dedi Saqtan, goʻyo sayyohlarga sharhlovchilik qilayotgan yoʻriqchilardek.

Mamit eshikka chiqib ketdi. Eru xotin bilan xayrlashib, men ham unga ergashdim. Jomadonimni olib, yana bir uzun uyga keldik.

Bu uy avvalgidan ham ancha uzun edi. Yaxshilab razm solsam, bitta deganim yetti xonali uy boʻlib chiqdi. Xuddi nimadandir qoʻrqqanday, bir-birining «pinjiga kirgan» bu uylarning sonini, ularning tomidan bildim — biriniki past, biriniki baland. Mamit birinchi uyga kelib, eshikka bogʻlangan simni yechdi. Biz dahlizga kirdik. Dahlizda koʻmir qoldigʻi, ayollarning bir juft paypogʻi, yozuv bitilgan daftarlar bor ekan.

Ichkarigi xona katta va yorugʻ edi. Xonaga yorugʻlik esa shiftga qurilgan novsimon derazadan tushib turardi. Unda pechka, stol, temir karavot.
— Oʻtgan yili bu uyda Dushanbedan kelgan oʻris muallima yashab ketgan, — dedi Mamit. — Uch-toʻrt yildan beri rus tilidan mutaxassisimiz yoʻq edi, u kelganida boshimiz koʻkka yetgandi. Lekin, ikki oydan keyin bechora bezib, darslarni direktorga tashlab, ketib qoldi. Oʻshandan beri bu uyda hech kim yashamaydi.
— Oʻzlaringiz-chi, oʻzlaringiz bezmaysizlarmi? — Albatta, savolim oʻrinsiz edi. Oʻz savolimdan oʻzim uyalib ketdim.
— Bezsak, bu yerlarda yashamas edik. Xoʻp, men borib sizga, koʻrpa-toʻshak yuborayin. Biror soatdan keyin kelaman, biznikiga borib, tamaddi qilamiz.
— Rahmat, — dedim minnatdorchilik bildirib.

Mamit chiqib ketgandan soʻng, oʻzimni karavotga tashlab, xayolga choʻmdim...

* * *

Bir ozdan soʻng, tish choʻtka xarid qilgani qishloq magaziniga bordim. magazinda uch kishi bor ekan. Qirq, qirqlardan oshgan, sariqqa moyil uzun moʻylovli, koʻzlari qiyigʻi peshtaxta ortida nimadir yozish bilan mashgʻul. Ikkitasi unli qoplarning ustida oʻtirishibdi. Biri oltmishlarda, sariq yuzli, koʻsa edi. Ikkinchisi undan keksaroq, baqaloq kishi. Bu ikki ulfatning baqalogʻi meni koʻrib, arogʻini yashirdi.

Uchalasining ham nigohida «bu kim boʻldi?» degan ajabsinish zohir edi.
— Assalomu alaykum, — yoppasiga salom berdim men.

Ular xushlamaygina alik olishdi.
— Menga bitta tish choʻtka bersangiz, — iltimos qildim, xat yozib oʻtirganidan.

U indamay pulimni oldi-da, bitta tish choʻtkani peshtaxta ustiga qoʻydi. Men xaridimni olib, eshikka yoʻnaldim.
— Inim, bu, sizni tanimadik-ku? — deb qoldi, koʻsa yuzlisi ortimdan.
— Men sizlarning maktabingizga muallim boʻlib keldim. Ismim Oxun.

Uchalasida ham oʻzgarish yuz berdi.
— E, ha-a! — dedi koʻsa yuzlisi. – Maman aytgan muallim siz ekansiz-da? Bizda besh muallimning oʻrni boʻsh. Qani, tanishib olaylik. Mening ismim Toshmat, maktab direktoriman. Manovi yumaloq esa mening doʻstim. Ismi Toʻluboy, oʻzi mergan. Anovi, Maymunni esa Turat deb qoʻyamiz, u ham mening doʻstim. Aroq ichmaydi. Ammo, bersangiz qoʻlingizni qaytarmaydi: qadahni olib, peshtaxtasining tagiga yashirib ketganingizdan keyin boshqalarga pullaydi.
— Hoy-hoy, Toshmat aka, mehmonning oldida odamni qoralamang-da, — dedi magazinchi, miriqib kulib.
— Qani, mehmon, endi biz bilan oʻtiring, qittak-qittak olaylik, — deb direktor, keyin sherigiga buyurdi: — Aroqni ol bu yoqqa.

Mergan shishani chiqarib:
— Ogʻay[2], uzr, biz sizni tumandan kelgan kattalardan ekan deb, qoʻrqib ketdik, — dedi.
— Yoʻgʻe-e, men kattalarga oʻxshaymanmi? — dedim men.
— Hozir kazo-kazolar yoshlardan chiqyapdi-da, — dedi direktor doʻstining gapini ma’qullab. — Qani, oʻtir, uka.
— Rahmat, — dedim men. — Hozircha uzr, uzoq yoʻl yurib, charchab keldim. Boshqa safar icharmiz.

Direktor bilan mergan bir-biriga qarab qoʻyishdi.
— Ha, mayli, — dedi direktor. — Ammo, keyingisida yoʻq demaysan...

* * *

Oʻsha kuni oqshomda, Mamitning uyidan kelayotib, merganga duch kelib qoldim. Magazinning oldidan oʻtib ketayotsam, qorongʻida kimdir:
— Ogʻay, bu yoqqa kel! — dedi.

Qarasam, magazinning ostonasida mergan oʻtiribdi. Magazin yopiq. Oldiga borsam:
— Bacha, men mast boʻlib qoldim, uyimga eltib qoʻy, — deb qoldi.

Rad etishga uyalib, rozi boʻldim. Boz ustiga merganning orolda yashashini hali bilmas edim. Qishloqdan chiqib qabriston tomonga burilganimizda havotirlanib:
— Uyingiz qayerda? — deb soʻradim.
— Narigi betda, bacha, — dedi mergan. — Orolda.

Men rozi boʻlganimga oʻkindim, lekin endi boʻlar ish boʻlgandi.

Goʻristonga yetganimizda, togʻ ortidan barkashday boʻlib oy moʻraladi. Uning nuri togʻlar, choʻqqilarni yoritgani bilan, vohayu daralar hamon qorongʻulik ogʻushida.

Biz goʻristonni kesib oʻtgan soʻqmoqqa burildik.

Qoʻltiqlashib olganimiz uchun, soʻqmoq torlik qilib, qabrlarni ham tepalab ketib borardik. Mergan odatlanib qolgan boʻlsa kerak, beparvo. Meni esa, xuddi murdalarni bosib borayotgandek hissiyot qiynab, badanim jimirlaydi.
— Bu goʻriston, — dedi mergan, goʻyo men buni payqamagandek. Yo, oʻzi uchun aytdimi, qaydam. — Hayot soʻqmogʻi shu yerga kelganda tugaydi... Qaygʻu, alaming ham, shodu xurramliging ham.

Toʻsatdan, oldimizdan bir narsa chopib oʻtdi. Men qoʻrquvdan seskanib ketdim. Buni sezgan mergan:
— Quyon, — dedi hiqichoq aralash. — Goʻristonda yolgʻiz shu quyon bor. Men ba’zan unga: «Hoy uzun quloq, mendan uzoqroq yursang-chi, bir kuni shoʻringga shoʻrva toʻkilib qolmasin», deb hazillashib qoʻyaman. Yashayversin, bechora. Balki men ham bu yerga kelib yotganimda ustimda raqs tushib yurar, — dedi.

Goʻriston tugab, soʻqmoq tik qirgʻoqdan qiyalab, daryoga olib tusha boshladi. Pastga tushish ikkalamizga ham mashaqqatli edi. Ammo, bu merganning toʻpigʻiga ham kelmay, oʻz urugʻiga mansub qirgʻizlarning ohangida xonish boshladi:


— E-e-ey, qator-qator nor haydab,

Qiyolarda yurmadim.

Qiyomatlik juft boʻlib,

Siz-man oʻynab, kulmadim...
— Ogʻay, qoʻllab tursang?

Men hayron boʻlib:
— Qanaqasiga? — deb soʻradim.
— Qanaqasiga deydi-ya! Birov xirgoyi qilganda, tingʻir-pingʻir deb, joʻrovoz boʻlib turiladi-da.

Ha, gap bu yoqda ekan-da.
— Mening «tingʻir-pingʻirga» ragʻbatim yoʻq, oqsoqol, — dedim, ijirgʻanib.

Tavba-a, ortmoqlab borayotganim kamlik qilganday, ashulasini ham aytishim kerak ekan-da!

Mergan xirgoyisini bas qildi. Biz qirgʻoqqa tushdik. Bungacha oy havolanib, chor taraf xiyla yorishib qolgandi.
— Shu atrofda osma koʻprik bor, izlab koʻr-chi, ogʻay, — dedi mergan.

Oʻngu soʻlimga razm solsam, daryoning ustiga tortilgan ikkita yoʻgʻon sim arqon koʻrindi. Sim arqonlarning biz tomondagi uchida sandiqsimon bir narsa osilib turardi. Osma koʻprigi shu boʻlsa kerak deb, merganni oʻsha sandiqqa olib bordim. Aslida, bu koʻprik degani suvoʻlchagich qurilma ekan.
— Bu narsa bilan qanday qilib u yoqqa oʻtamiz? — deb soʻradim mergandan.
— Manavi kajavaga avval meni tushir, keyin oʻzing tush, — dedi mergan.

Men uning aytganidek qildim. Kajava degani qirgʻoqdagi temir ustunchalarga boylangan edi. Mergan iplarni yechgan edi, kajava xiyla yergacha oʻzi siljib borib, keyin toʻxtab qoldi.
— Endi, bacha, sim arqonning birini ushlab, oʻzingga qarab tortaver, — dedi mergan. — Mana menga oʻxshab.

Ikkalamiz sim arqonni birdan ushlab olib, oʻzimizga tortib, oldinga jila boshladik. Bu qiyin ish ekan. Bir zumda qoʻllarim achishib, charchab qoldim. Pomirning siyrak havosi koʻnikmagan odamni tez charchatib, damini qaytarib, hatto, hushdan ketkizib qoʻyishi hali menga ma’lum emasdi. Mergan esa, parvoyi falak, yana ashulasini boshladi:

Qator, qator nor haydab,
Qiyolarda yurmadim.
Qiyomatlik juft boʻlib,
Siz-man oʻynab, kulmadim.

— Sen ham qoʻshilsang, bacha.
— E-e, qoʻysang-chi, oqsoqol! — dedim, bu safar battar jahlim chiqib.
— Ana, mening qizim ham kutib turibdi, — dedi mergan, mening soʻzimga e’tibor bermay.

Haqiqatan ham qirgʻoqda bir qiz turardi. Qizning nariyogʻida toʻrtta it va bir eshak ham bor edi. Biz ming mashaqqat bilan qirgʻoqqa yetganimizda, qiz sim arqonlar bogʻlangan temir ustunchalar yoniga kelib, kajavani tutib, ustunchalarga bogʻlashga kirishdi.
— Qorasoch, mana bu ogʻaying bilan tanishib ol, bugun Bishkekdan keldi, — dedi mergan.

Qiz: — Xush kelibsiz, — dedi-da, keyin jimgina otasini tushira boshladi.

Meni qizning salomiga alik olgani ham majolim kelmay, bosh irgʻab qoʻydim. Qiz buni payqamadi ham. Mergan yerga tushgandan soʻng, men kajavani yecha boshladim. Buni koʻrgan qiz, negadir, otasiga savol nazari bilan qaradi.
— Ey, bacha, nima qilayapsan? — dedi mergan, taajjub bilan.
— Endi men qaytib ketayin, — dedim.
— E, ogʻay, qoʻy. Bahonada bir kelib qolding, mehmon boʻlib ketasan. Tush kajavadan.
— Rahmat! — dedim.
— Yoʻq, bacha, qolmasang boʻlmaydi, — dedi mergan, endi qat’iyroq ohangda. — Ketsang, birinchidan, qizim ikkalamiz xafa boʻlamiz, ikkinchidan, kajavamizni narigi qirgʻoqqa bogʻlab ketsang, bizni shu yagona koʻprigimizdan mahrum qilasan.
— Ob-bo, bu yogʻini xudo urgan ekan-ku, dedim ichimda. Qaysi goʻrdan bu nahsga duch keldim, – deb ranjidim. Ammo, shunchalik horib-charchaganimdan, turgan joyimdayoq uzala tushgim kelib turardi. Boz ustiga, bu kecha qayerda tunaganimning farqi yoʻq-ku, degan xayolda, taqdirga tan berdim.

Qiz otasini eshakka mingazdi. Eshak yoʻrgʻasiga solib, manziliga joʻnadi. Ortimdan toʻrt tozi va qiz ikkimiz ergashdik. Koʻp oʻtmay mergan yana xirgoyisini boshladi:
— E-e-ey, qator-qator nor haydab...

Uyga yetgunimizcha qiz ikkimizdan ham sado chiqmadi. Uyga yetgach, qiz otasini eshakdan tushirib, uchovlon uyga kirdik.

Merganning uyi ham, boyagi mening uyimdek bir dahliz, bir katta xonadan iborat edi. Xonalarni chiroqlar va derazadan tushgan oy nuri yoritib turardi. Dahlizda idish-oyoq, sandiq, qop, miltiq, qopqon kabi qaqir-ququrlar. Ichkari xonada koʻrpa-toʻshakdan boshqa hech vaqo yoʻq.

Qorasoch chaqqonlik bilan toʻrdagi toʻshaklar ustiga toʻshak yangiladi.
— Qani, ogʻay, toʻrga oʻting, — dedi mezbon. — Qizim, ovqating pishgan boʻlsa, olib kel. Boʻzangdan bormi?
— Boʻza bugun ichilgani yoʻq, — deb, qiz dahlizga chiqib ketdi.
— Ichilmagan boʻlsa, juda soz, mana endi ichamiz-da, — dedi mergan.

Hayallamay dasturxon yozilib, ikki yogʻoch kosada shoʻrva, katta mis togʻoroda goʻsht, yana bir katta yogʻoch togʻorada boʻza keldi. Uyning ichini shoʻrva, goʻsht va boʻzaning yoqimli hidi tutib, shiftdagi novsimon deraza oynalari issiq taomlardan chiqqan bugʻdan terladi.

Mergan bir zumda goʻshtni taqsimlab yubordi.
— Qani, mehmon, goʻshtga qara. Kiyikning goʻshti. Qizim, boʻzadan quy.

Qornim toʻq boʻlsa ham kiyikning goʻshti deganidan, hazilakam tanovul qilmadim. Goʻsht jonivor juda ham lazzatli ekan. Boʻzani ham ikkovlon rosa oldik. Xullas, binoyidek mast boʻlib qoldim. Endi Pomir koʻzimga oʻzgacha qiyofada koʻrinib, ovloqdagi xilvat uyda, mergan va uning qizi bilan hamxona boʻlib, tansiq goʻshtga toʻyib, boʻza kayfini surib oʻtirganimdan, oʻzimni arshi a’loda his qila boshladim. Merganning oʻzi ham, uning loʻppi yuzli, yuvosh, moʻmin qizi ham yoqib qoldi.
— Aytmoqchi, oʻzing asli qayerdansan? – deb, soʻrab qoldi mezbon.
— Novqatdanman.
— Vox-xo! — deb xitob qildi mergan. — Sen menga togʻa boʻlar ekansan-ku! Rahmatli onam novqatlik boʻlaman derdi. Qarasang, tomirimiz bir ekan-da. Qani, bacha, goʻshtdan olaver. Qizim, togʻangga boʻzadan quy. Novqatda ham boʻza solishadimi, togʻa?
— Solishadi.
— Ovchilik ham qilib turishadimi?
— Ha.
— Oʻzing hech ovchilik qilganmisan?

Bolaligimda tengqurlarim bilan it ergashtirib, tayoq bilan ancha-muncha kaklik, chil, quyon ovlagan paytlarimiz boʻlgan. Biroq, hozir bunday katta ovchining oldida unaqangi bachki narsalarni aytgani uyalib:
— Yoʻq, — deb qoʻya qoldim. — Lekin, ovchilikka ishtiyoqim zoʻr.
— Unda men seni ovchi qilaman, — dedi mergan. — Mana koʻrasan. Kiyik, ayiq, hatto, yoʻlbars ottiraman. Besh kunlik umrda togʻa-jiyan bir miriqaylik...

Men jilmayib qoʻydim. Merganning va’dalari meni ham junbushga keltira boshladi.
— Unda qachon chiqamiz, ovga? — deb yubordim.
— Xohlasang, ertagayoq, — dedi mergan. — Erta tongda, kiyiklar oʻtlagani tushganda, tappa bosamiz. Qizim, biz ilk sahar, yulduzlar botmasidan ovga joʻnaymiz. Kerakli narsalarning barini taxt qilib qoʻygin. Eshakka yemdan koʻproq ber. Itlarga ovqat berma — qantarish kerak. Toʻq boʻlsa, ertaga ovga yaramaydi. Senga bir ajoyib tomosha koʻrsatayin, togʻa! Boʻzadan quy, qizim.
— Endi siz quyib turing, ota, men qozon-tovogʻimni yuvib olay, — deb qizi boʻzali togʻorani otasiga jildirdi.
— Mayli, qizim, mayli, borib ishingni qilaver, — dedi mergan. Qorasoch boʻshagan idishlarni olib, dahlizga chiqib ketdi.
— Qizim, esli boʻldi, — dedi mergan. — rahmatli onasiga tortgan. Xudo xohlasa, birorta amaldorga uzatsam degan orzuyim bor. Choʻpon-choʻliqqa tegsa, xor boʻladi, yolgʻizim... Sen uylanganmisan?

Men bosh chayqab, yoʻq ishorasini qildim.

Mergan yana qadrdon xirgoyisini eslab qoldi:
— E-e-ey, qator-qator nor haydab,

Qiyolarda yurmadim...
— E-e-ey! —

bu gal men ham unga joʻr boʻldim...

Qachon yotganimizni bilmayman. Ertasiga koʻzimni ochsam, shiftdagi derazadan tushib turgan quyosh nuridan xona ichi charogʻon edi. Yonimda baralla hurrak otib mergan yotibdi. Uning bosh yogʻida, devorda miltiq, oʻqdon, durbin osigʻliq turardi. Merganning tungi va’dasini eslab, ov barbod boʻlganini tushundim.

Ov masalasi keyin ham koʻp marta takrorlandi. Mergan meni tez-tez uyiga taklif qilib: «Togʻa, kechqurun biznikiga kelib yotasan, ertaga azonlab ovga joʻnaymiz. Aytmoqchi, haligidan birorta ola kelgin, boʻzaga qoʻshib, ermak qilib oʻtiramiz», deydi. Men «haligisidan» bittani olib uyiga boraman. Keyin allamahalgacha shakarguftorlik qilib oʻtiramiz. Bechora Qorasoch har gal ov anjomlarimizni taxt qilib, eshakni yemlab, itlarni qantarib, tayyorlab qoʻyadi. Lekin, ertasi uygʻonsak, yana choshgoh boʻlib qolgan boʻladi...

Haytovur, bir gal ovga borish nasib etdi. Oʻsha kuni havo aynib, qor shunchaki elab turardi. Biz endigina tong yorishayotganda oʻrnimizdan turib, apil-tapil bir kosadan boʻzani simirib, yoʻlga otlandik. Mergan mening bir qoʻlimga halachoʻp berib, bir qoʻlimga beshta itning yetovini tutqizib, oʻzi yalpayib eshagiga minib oldi. Agar, ovga boʻlgan ishtiyoq shunchalik jigarimdan urmaganida, bu xoʻrlikka chidamagan boʻlardim.

Pomirda kiyik ovlash uchun uzoqqa borib oʻtirmaysiz. Ikki burilishdan oʻtib, bir keng jilgʻaga yetganimizda, mergan eshagini toʻxtatib, durbinni ishga soldi. Buni koʻrib, yetovimdagi itlar ham bezovtalanib, quloqlarini dikkaytirib, egasining har bir harakatini diqqat bilan kuzata boshlashdi. Qari, boʻz eshak esa oʻz holicha, mudragannamo katta shuvoqning tagini hoʻllay boshladi.
— Oʻn chogʻli taka yuribdi, — dedi mergan kutilmaganda.
— Qani? — deb merganning qoʻlidan durbinni yulib oldim.

Qarasam, rostdan ham, novvosday-novvosday keladigan oʻnta taka bamaylixotir oʻtlab yuribdi. Meni hayajon bosdi.
— Endi nima qilishimiz kerak? — dedim, koʻzimni durbindan olmay.

Mergan mening savolimga javob bermasdan, eshagidan tushib, itlarini yecha boshladi. Itlar hali takalarni koʻrmagan boʻlsa-da, boʻlajak ovning zavqini tuyushib, biri olib-biri qoʻyib gʻingʻishlashib, koʻzlari olma-kesak terib, chor tarafga alanglashardi. Mergan hammasini yechib boʻlib, kerakli tomonni qoʻli bilan koʻrsatib qoʻydi. Itlar yelib ketishdi. Ammo, uzoqqa bormay, keskin burilishib, takalar qolib, tamoman teskari tomonga chopib ketishdi.
— Itlaringiz jinni boʻlganmi? — dedim men, hafsalam pir boʻlib.
— Ular takalarni koʻrishdi, — dedi mergan. — Aylanib borib, orqasidan chiqishadi.
— Unda biz nima qilib turibmiz, bu yerda? Biz ham ortidan bormaymizmi?
— Bizning u yoqda keragimiz yoʻq. Itlar oʻzlari haydab kelishib, huv anavu qoyaga qamab berishadi. Undan koʻra ustingdagi toʻningni yechib, yengillanib tur.

Men merganning aytganini qildim. Bu orada itlar ovozi eshitilib qoldi. Qarasam, toʻrt it bir takaning ortidan quvlab, boyagi mergan koʻrsatgan qoyaga chiqib borishardi. Taka itlardan yuz metrcha oldinda, bechoraning joni koʻziga koʻrinib, bor kuch-quvvatini, chopqirligini ishga solgandi. U itlarga nisbatan ancha chopqir, boz ustiga, qoyaga yetganda uning ustunligi yanada orta boshladi. Shu zayilda qochaversa, qutulib ketardi. Lekin, taka bu imkoniyatdan foydalanish oʻrniga, ta’qibchilarning vahimali vovillashidan qoʻrqib, keskin burilib, devordek silliq yuza boʻylab, qoyaning oʻrtasigacha qiyalab chopib bordi-da, kaftdekkina yerda hansirab turib qoldi. Shubhasiz, u tin olgan yerga it zoti chiqa olmasdi. Merganning itlari ham, u yerga intilish oʻrniga, qoyani qurshab oldi. Ularga shugina kerak edi. Bechora taka endi qutuldim, deb oʻylagandir, balki. Itlarning ortidan miltiqli odam kelishini u qayoqdan bilsin.
— Mana, endi joʻna, — dedi mergan. — Naq boshiga otgin!

Men qoyani koʻzlab yugurdim. Biroq Pomirda uzoqqa yugura olmaymiz. Tutak degani bor, oyogʻingizga kishan uradi-qoʻyadi. Bu yerda oʻru qirga ohista yurib, burningiz qonamay chiqib borsangiz, oʻpka, yuragim sogʻlom ekan deb, faxrlansangiz arziydi.

Men qoyaga eltuvchi qirning qulayroq, takaga koʻrinmaydigan tomoni bilan yurib, yarim soat deganda, qoyaning bir tomonini toʻsib turgan itning yoniga yetdim. It bilan kiyikning oraligʻi ellik metrcha kelardi. Shu yerdan turib otishga qaror qildim. Katta toshning biqinini panalab, miltiqni oʻqladim. Miltiq pomirliklar tili bilan aytganda — «pirsildoq» degan turidan edi. Toʻluboy merganning aytishicha, buning oʻqi kiyikka tekkanda «toʻp» degan, tegmaganda «chaq» degan tovush chiqar emish. Otib koʻraylik-chi...

Miltiqning masofa oʻlchagichini yetmish besh metrga qoʻyib, moʻljalga ola boshladim. Lekin, halloslab kelganimdan, oʻpkamni bosa olmay, qoʻllarim qaltirab, miltiqning moʻljalchoʻpi bir joyda turmasdi. Boshimni koʻtarib, bir-ikki daqiqa kiyikni tomosha qilib turib qoldim. Kiyik nihoyatda katta, chiroyli edi. Uyuridan ajralgan bechora, betinim hurib turgan itlarning qurshovida qoʻrqib, qaltirab, oʻta ayanchli ahvoldaydi.

Men tepkini bosib yubordim. «Toʻp» degan aks-sado eshitildi, tegdi chamasi. Lekin, taka qochish tugul, oʻrnidan ham jilmadi. Faqat, ulkan gavdasi bir silkinib, ohista burilib, menga orqasini oʻgirib oldi. Men shosha-pisha ikkinchi oʻqni uzdim. Yana boyagi «toʻp» degan tovush eshitildi. Taka yana qochish oʻrniga, bir aylanib, men tomonga qarab oldi. Yana otdim. Bu gal yovvoyi taka avvalgidek burilmasdan, ogʻir gavdasi bilan qulochdek keladigan shoxlarini qoyaga tirab turib qoldi. Shunda men uning bu fojiali ahvolini koʻrib, ich-ichimdan zil ketdim. Ishonsangiz, kiyikdan uyaldim. Qochib borayotganda otib olsam ham, bir navi edi. Aksincha, oʻzimdan ellik odim nariga mixlab qoʻyib, goʻyo jonsiz nishonga otgandek oʻq yogʻdirishim insofdan emasdi. Men takani, chorasiz taslim boʻlgan pahlavonga, oʻzimni esa, uni hayotdan mahrum etgan bagʻri tosh, qoʻrqoq qotilga oʻxshatdim. Oʻzimni bunday noxush hissiyotlardan, kiyikni esa, ogʻir azob-uqubatdan xalos etish uchun apil-tapil yana oʻq uzdim. Takaning gavdasi chiyralib, yana aylanmoqchi boʻldi-yu, lekin, aylana olmasdan, baland zovdan pastga qarab uchib ketdi. Kiyik xiyla yergacha havolanib borib, qoyaning etagidagi oppoq, mayda yalanglikka tushdi. Mayda toshlardan koʻchki hosil boʻlib, kiyikning sulaygan jonsiz (ehtimol, hali joni bordir?) tanasini toʻppa-toʻgʻri Toʻliboy mergan tomonga surib ketdi.

Men shoshmay tepadan tushib kelgunimcha, mergan kiyikni boʻgʻizlab, ichak-chavogʻini itlariga xomtalash qilib bergandi.
— Kelishgan takani otibsan, bacha, — terisini Mamitga beramiz, muzeyga tulum qilib olsin.
— U qanaqa muzey?
— Sen hali uning muzeyini koʻrganing yoʻqmi? Oʻquvchilariga qoyilmaqom muzey yasab bergan. Men unga koʻmaklashib turaman. Muzeydagi tulum qilingan jonivorlarning barini men otib berganman.
— Shunday deng...

Biz kiyikni eshakka yoppa tashlab, yoʻlga ravona boʻldik. Ushbu ov mening ruhiyatimni qarama-qarshi hislar girdobiga gʻarq qilgandi...

* * *

Ertasi kuni maktabda birinchi qoʻngʻiroq chalindi. Men bir jurnalni qoʻltigʻimga qisib, oʻqituvchilar bilan xonadan chiqib, yoʻlakning oxiridagi «VIII-sinf» degan yozuvi bor eshik tomon yurdim. Bu mening sinfim edi. Oʻquvchilarim bilan tanishadigan kun — birinchi darsimga eng yaxshi kostyumimni kiyib, eng yaxshi boʻyinbogʻimni taqib, koʻkragimga universitetning koʻkrak nishonini qadab kelgandim. Shuning uchun odatdagi ust-boshlari bilan kelgan mahalliy oʻqituvchilarning oldida, men xuddi, estrada sahnasidagi olifta xonandaning oʻzi boʻlib qolgandim. Bu qusurim uchun ancha vaqtga qadar uyalib yurdim. Yoʻlakning oxirigacha Roqiya bilan birga bordim. Uning sinfi meniki bilan yonma-yon edi.
— Birinchi darsingizga omad, — dedi u jilmayib, oʻz sinfiga kirayotib.

Uning bu samimiyati biroz erish tuyulsa-da:
— Rahmat! — deb, boʻyinbogʻimni toʻgʻrilab eshikni ochdim.

Sinf xonasi kattagina edi. Biroq, xonada sakkizta parta boʻlib, har bir partada bittadan oʻquvchi oʻtirardi. Oʻquvchilar oʻzaro qizgʻin suhbatga berilishib, kulib-yayrab oʻtirishgan pallada meni koʻrishib, hammasi oʻrinlaridan turishdi.
— Salom, bolalar! — dedim, men ularga.
— Salom, ogʻay! — deyishdi ular bir ovozdan.

Shu asnoda oxirgi partadagi oʻquvchi ruxsatsiz joyiga oʻtirib olgan ekan, mening nigohimni koʻrib, darrov oʻrnidan tura qoldi. Bu oʻquvchining yoshi sinfdagilardan kattaroq boʻlib, oʻn sakkizlar chamasida, savlati menikidan kam emas. Uning bu sinfda oʻtirishi menga gʻalati tuyuldi.
— Oʻtiringlar, bolalar! — deb, oʻzim ham oʻtirdim. — Bugungi darsimiz tanishuv darsi boʻla qolsin. Mening ismim — Oxun, familiyam — Matqoliqov. Men sizlarning sinf rahbaringiz, shuningdek, qirgʻiz tili va adabiyotidan muallimingiz boʻlaman. Endi, men ham sizlarning ism-familiyalaringizni bilib olsam. — Men jurnalni ochib, roʻyxatni batartib oʻqiy boshladim:
— Turotov Toshboy kim?
— Men, ogʻay, — deb tovoqbet, olakoʻz bola oʻrnidan turdi.
— Oʻtir. Toʻqtoʻboyev Sodiq?
— Men! — qichqirdi birinchi partada oʻtirgan toʻrgʻaydekkina bolakay.
— Botirova Sora?

Sinfdagi uch qizdan biri jimgina oʻrnidan turdi.
— Doʻoʻloʻtova Unsun?

Ikkinchi qiz ham indamay oʻrnidan turdi.
— Toʻychiyev Payiz?

Oxirgi partadagi katta bola oʻrnidan turib: — Men, — dedi besoʻnaqay ovozda.
— Yoshing qanchada? — deb soʻradim undan.
— Oʻn sakkizda, — dedi bola xijolat boʻlib.
— Nega shu yoshingda sakkizinchi sinfda oʻtiribsan?

Payiz indamadi.
— Ogʻay, bu bola har bir sinfda ikki yil oʻqishni yaxshi koʻradi, — dedi uning oʻrniga Sodiq.

Oʻquvchilar kulib yuborishdi. Payiz Sodiqqa bir yovqarash qilib qoʻydi.
— Oʻtir, — dedim men uni xijolatdan chiqarib. — Mamitova Adolat?

Sinfdagi uchinchi qiz oʻrnidan turdi...
— Esenov Ermek?

Bu ukkikoʻz, burni oʻroqday bolani, keyin bilsam, onasi badaxshonlik tojiklardan ekan.

Men jurnalni yopdim.
— Mana, biz tanishib ham oldik, — dedim, oʻrnimdan turib.
— Endi sizlar ta’tilni qanday oʻtkazganingizni bilmoqchiman.
— Ta’tilimiz yaxshi oʻtdi, ogʻay, — dedi bir necha bola baravariga.
— Hech qanday yaxshi-paxshi oʻtgani yoʻq! — deb, Sodiq ularnikini rad etdi. — Ogʻay, biz ta’til qanday oʻtganini sezmay ham qoldik. Hammamiz xoʻjalikda ishladik. Qizlar qoʻtos sogʻishdi, bolalar pichan oʻrishdi, jun qirqishdi. Buning nimasi ta’til?
— Hoy, noshukur, — dedi Adolat. — Seningcha, ta’tilda biz nima qilishimiz kerak?
— Dam olib, oʻynab-kulishimiz kerak, — dedi Sodiq, soʻzini ma’qullab. — Misol uchun shaharlik oʻquvchilarni olib koʻraylik, ta’tilni qanday oʻtkazisharkin? Ularga hamma narsa muhayyo — maxsus lagerlar tashkil etilgan. Toʻgʻrimi, ogʻay?

Men bolaning savoliga javob bermasdan, deraza yoniga bordim. U yerdan idora, maktab, magazin, klub — bu imoratlarning qurshovidagi katta maydon kaftdagidek koʻrinib turardi. Maydonning oʻrtasida tuproqqa belanib, oftobqoqi boʻlib, toʻqimi bilan hoʻv oʻsha qoʻtos yotibdi. Shu payt, kutilmaganda, magazinning yonidan bir yangi qora «Volga» yelib chiqdi-da, negadir, maydonda bir doira yasab, qoʻtosning oldiga borib toʻxtadi. Mashinadan esa, mening deputatim tushib, qoʻtosning manglayini silab-siypab qoʻyib, shaxdam yurib magazinga kirib ketdi. Lekin magazinda uzoq turmay qaytib chiqib, maktab tomon kela boshladi.
— Hoy, qaranglar, Maman akaning «Volga»si kelibdi! — deb qichqirdi bir bola.

Shu zahotiyoq yoppasiga derazaga kelib «Volga»ni tomosha qilib qolishdi.
— Qani, joy-joylaringga oʻtiringlar! — dedim men. — «Volga» koʻrmaganmisizlar?!

Bolalar negadir, mening soʻzlarimga hayron boʻlishganday, bir-biriga qarashdi. Shu payt, kutilmaganda qoʻngʻiroq chalinib qoldi. Men hayron boʻlib, soatimga qarasam, dars tugashiga hali yigirma minut bor ekan. Bolalar birdaniga, mening ruxsatimni ham kutishmay, eshikka yopirilishdi.
— Qayoqqa! Qayoqqa?! Joylaringga oʻtiringlar! — deb qichqirdim jahlim chiqib.

Ammo, oʻquvchilarning birortasi ham quloq solishmadi. Sinfda yolgʻiz oʻzim qoldim. Oʻquvchilarimning oʻzboshimchaligidan, bemavrid qoʻngʻiroq chalgan kimsadan dargʻazab boʻlib, oʻqituvchilar xonasiga joʻnadim. Yoʻlakka chiqsam, maktabdagi jamiki oʻquvchilar toʻs-toʻpolon bilan tashqariga chiqib ketishayotgan ekan. Xonaga yetmasimdan, bir toʻda oʻqituvchilar qurshovida kelayotgan deputat meni koʻrib:
— Oxun! — deb, quvonchli xitob bilan kelib, meni bagʻriga bosdi. — Rahmat! Kelganing yaxshi boʻpti. Qalay, qishlogʻimiz yoqdimi?
— Shoshmay tur, picha vaqt oʻtsin, keyin aytarman, — dedim. Soʻngra mudirga murojaat qildim. — Qoʻngʻiroq nega buncha erta chalindi?

U oʻz navbatida istihola bilan deputatga qaradi.
— Qoʻngʻiroqni men chaldirdim, — dedi deputat.
— Sen? Nima uchun?
— Bolalar «Volga»ni bir tomosha qilib olishsin. Hozir uni tumanga qaytarib yuboraman.

Men hech narsaga tushunmadim.
— Bu nimasi? Bolalar hech «Volga» koʻrishmaganmi?
— Koʻrishgan. Ikki martagina. Ikkalasida ham men oʻzim haydab kelganman. — Deputat meni qoʻltiqlab, maydonga olib chiqdi. Bolalar qurshovida «Volga» koʻrinmas edi. — Bizning tumanda bacha, shu birgina «Volga» bor. Bu asli hokimga tegishli boʻlib, u viloyat markaziga — Xorogga borgandagina minadi. Xoʻjaliklarning yoʻllari yomon, ichki ehtiyojlariga eski «Villis»ini ishlatadi.
— Nega, endi senga mashinasini berib qoʻydi?
— Mengami? Axir men deputatman-ku...

Hamqishloq muallimlarga yuzlanib: — Menga bermay koʻrsin-chi? — dedi.

Men kulib yubordim. Hammamiz mashina yoniga bordik.
— Qani, tomosha tugadimi? — deb soʻradi deputat bolalardan.
— Yana ozgina qoʻyaturing, Maman aka, — deyishdi bolalar.
— Tuman markaziga yuz kilometr masofa, shofyor ham ertaroq yetib olsin. Qani, yoʻl beringlar.

Maman mashinadan jomadonini olib, Payizga uzatib: — Qoʻtosning qanjigʻasiga bogʻla, — dedi. Soʻngra moʻylovli shofyorga, Endi sen ketaver, Usenboy, deb buyurdi.

Usenboy mashinaga oʻtirib, chang toʻzgʻitgancha yelib ketdi.
— Yana bir oz qoʻyaturganingizda, — dedi Sodiq oʻkinch bilan.
— Xafa boʻlma, bacha, — dedi deputat unga. — Maman akang omon boʻlsa, bu mashinani koʻp marta koʻrasan. Endi qorongʻuga qolmay, men ham yoʻlga tushay, bundan nariyogʻiga ham bir kunlik yoʻl.
— Unday boʻlsa, boyagi «Volga» bilan yetib olsang boʻlmasmidi? — soʻradim men.
— E-e, bacha, men boradigan yerga «Volga» emas, tanking ham bora olmaydi, — dedi Maman. — Payiz, mening qoʻtosimni keltir. Payiz bir yonboshiga jomadon bogʻlangan qoʻtosni keltirdi. Maman qoʻtosga minib:
— Yaxshi qolinglar, — dedi.
— Yaxshi boring! — deyishdi bolalar.
— Uyingga omon-eson yetib ol! — oq yoʻl tilashdi kattalar.
— Xayr endi, Oxun, — dedi Maman.
— Xayr, — dedim men ham bosh irgʻab.
— Toshmat aka! Mamit aka! — xitob qildi deputat, direktor bilan mudirga qarab. — Oxunni xafa qila koʻrmanglar!
— Oʻlibmizmi, xafa qilib! — dedi direktor. — Nima desa, biz tayyor. Jamiki qirgʻiz tili va adabiyoti darsini berdik. Oz desa, yana beramiz. Bizda chet tili muallimi yoʻq, ashula darsi ham egasiz yotibdi. Xohlasa, ularniyam olsin.
— Ularniyam beringlar, — dedi Maman.

Men kulib yubordim.
— Rahmat, shundogʻam keragidan ortiqcha, – dedim.
— Oʻzing bilasan, — dedi deputat. — Ish qilib, bizdan xafa boʻlmasang boʻldi. Xoʻp, endi men boray. Qani, Payiz, tizginni ber. Aytmoqchi, Oxun, Payiz mening jiyanim boʻladi. Yaxshilab oʻqitaver. Eplab, bu yil sakkizni bitirib olsa, Dushanbega olib borib mol doʻxtirligi oʻqishiga kirgizib qoʻyaman. Oʻqib, odam boʻlsin. Chu, jonivor...

Maman qoʻtosning biqiniga niqtab, loʻkillatganicha yoʻlga ravona boʻldi. Shu zahoti, qoʻngʻiroq chalinib, oʻqituvchilaru oʻquvchilar maktabga oshiqdi.

Shu asnoda: — E-e-ey, togʻa! — degan ovoz qulogʻimga chalindi.

Qarasam, Toʻluboy mergan. Qizi ikkalasi magazindan chiqib kelishayotgan ekan. Mergan sarhushroq, qizi yetaklab olibdi. Qizning qoʻltigʻida boʻgʻchasi ham bor.
— Assalomu alaykum, — merganga salom berdim. — Horma, Qorasoch.
— Bor boʻling.
— Togʻa, sen bugun kechqurun biznikiga borib yot, — dedi mergan. — Ertaga ovga boramiz.
— Rahmat, ertaga darslarim bor, bora olmayman.
— Unda darsing yoʻq kuni bor. Maylimi?
— Mayli.
— Mana koʻrasan, men seni mergan qilaman. Kiyik otasan, ayiq otasan, yoʻlbars otasan...

Qorasoch menga qarab jilmayib qoʻydi.

Uning nega jilmayganini anglab yetmasam ham, men ham jilmayib qoʻydim. Lekin, qizning nigohi boshqa tomonda ekanligini koʻrib, ortimga qarasam, oʻquvchilardan ortda qolgan Payizni koʻrdim. U qizga qoʻllari bilan duduqlarcha nimalarnidir ishora qilardi. Qorasochning kimga jilmayganini endi tushundim. Bu oʻsallikning alamini Payizdan oldim:
— Sen nima qilib turibsan, bu yerda?! — deb jerkidim uni. — Yo qoʻngʻiroqni uqqaning yoʻqmi?

Payiz shoshib joʻnab qoldi. Mergan eski ashulasini xirgoyi qilib yoʻlga tushdi:
— E-e-ey, qator-qator nor haydab...

* * *

Dam olish kuni bekor oʻtirmayin deb, uyimni oqlay boshladim. Uyim qishloqdagi aksariyat uylar singari, biror marta ham ohak koʻrmagan. Shuning uchun, ohak durustroq yopishmasdi. Shunday boʻlsa ham, bir navi deb, ohaklay berdim.

Bir mahal uyga yoshi elliklardan oshgan, oʻrta boʻyli, toʻladan kelgan, ogʻir karvon bir kishi kirib keldi.
— Assalomu alaykum, ogʻay, — dedi u, qoʻl uzatib. — Kelganingizni eshitganimga ancha boʻlsa-da, bir kelib tanishib ketishga imkon topmadim. Men shu xoʻjalikning raisiman. Ismim Jaqip.
— Yaxshi, rahmat, — dedim men. — Mening ismim Oxun.
— Savob ish qilibsiz. Shuncha uzoq joydan kelib, bolalarimizni oʻqitayotganingiz uchun rahmat. Biz tomonlarga sizdaqangi oʻqimishli yoshlar kam kelishadi, oʻzimizda esa kadrlar yetishmaydi. Kelganingiz uchun minnatdormiz.

Bu maqtovlarga loyiq biror soʻz deyishga tilim aylanmadi.
— Uy oqlayapsiz ekan-da. Buningiz ham biz uchun yangilik. Mayli, siz oqlay bering-chi, agar, yaxshi chiqsa, bizga ham oʻrnak boʻlsa ajab emas, — dedi rais kulib. Unga qoʻshilib men ham kuldim. — Oʻrda[3] otib oʻrganganmisiz, ogʻay? — deb soʻrab qoldi rais, qoʻlidagi oshiqni kaftida aylantirib.
— Yoʻq, oʻrganmaganman, — dedim, ajablanib.
— Oʻrganmagan boʻlsangiz, oʻrgatamiz. Yuring, birpas ermak qilamiz.
— Rahmat, boshqa kuni oʻynarmiz. Bugun uyimni oqlab olay.
— Ha, mayli. Unda oʻzimiz oʻynaymiz.

Rais chiqib ketdi. Men ortidan kulib qolaverdim.

Keyin bilsam, oʻrda — bu qishloqning yagona ermagi ekan. Turli marosim va bayramlarda sovrin tikilib, koʻpkari uyushtirishar ekanlar. Lekin, bunday imkoniyat hamisha ham boʻlavermaydi. Biroq, asosan pomirlik qirgʻizlarning joniga oro boʻladigan birgina narsa shu oʻrda otish oʻyini ekan. Qishloq ahlining qoʻli mehnatdan ozgina boʻshadi deguncha, erkaklar ikkiga boʻlinib, oʻrdani boshlashadi. Aksariyat dehqon bilan oʻqituvchilar bir-biriga raqib boʻladilar. Odatda, dovga bir qoʻy tikiladi. Oʻyin boshidayoq, qoʻy bechoraning boshi olinib, goʻshti bir xonadonning qozonida qaynay boshlaydi. Yana allaqancha shisha ichimligiyam boʻladi. Oʻyin tugagandan soʻng, oʻrda otuvchilarning bari oʻsha uyga borishib, miriqib kayfi-safo qilishadi-da, chiqimning harajati oʻyinni boy bergan tomonning gardaniga tushadi.

Rais Jaqip oʻrdaning mutaassib ishqibozi ekan. U, xoʻjalikning tashvishlari bilan boʻlib, kunlar, haftalar davomida qishloqda boʻlmaydi-da, kelishi bilan darhol oʻrdaning payiga tushadi. Ostona hatlar-hatlamas, birinchi sinfda oʻqiydigan oʻgʻliga: «Abdusamad, bor, ogʻaylaringga ayt, oʻrda otamiz», — deydi.

Xiyol oʻtmay, magazin qarshisidagi maydonga oʻqituvchilar birin-sirin kela boshlashadi. Ularni koʻrib, idoradan qishloq faollari chiqishadi. Magazinchi Turat vazifasini mening sinfimda oʻqiydigan oʻgʻli Toshboyga yuklaydi. Kimdir, birov, doʻnglikka chiqib, hovlisida gʻimirlab yurgan Toʻluboy merganga imo-ishora qiladi... Zaruriyat bilan uzoq-yaqindan kelgan choʻpon-choʻliqlar boʻlsa, ular ham shu yerda hozir. Tomoshabinlarni qoʻyaverasiz. Koʻp oʻtmay bir xalta oshigʻini koʻtarib rais keladiyu, oʻyin boshlanib ketadi.

Ba’zan tap bosdi uchun raisga birorta ham xarif topilmay qoladi. Muallimlarning darsi bor, qishloq faollarining ham vaqti ziq, magazinchi Turat savdoning sustligidan shikoyat qiladi; mergan toqqa chiqib ketgan boʻladi. Qisqasi, raisning bozori kasod. Bunaqangi paytlarda, rais xaltasini qoʻltiqlab idora, magazin va maktab oʻrtasida tanda qoʻya-qoʻya, taqdirga tan berib, uyiga ravona boʻladi.

Bir gal shunaqangi vaziyatda oʻquvchim Payizni chaqirib olib, kechgacha u bilan oʻrda otishgan. Lekin, Payiz oʻrda otolmasdi. Rais uni yuta-yuta, hafsalasi pir boʻlib, bolani soʻkib-soʻkib, haydab yuborgan. Yana bir kuni hatto Payizni ham topa olmay, atrofni tuman bosib, qor elab tursa ham, qosh qorayib, oshiqlar koʻrinmay qolguncha, oʻzi bilan oʻzi oʻynab, nihoyat, maydonni tark etgan. Mana shunday fidoyi ishqiboz bu raisi tushmagur.

Men xonalarning ichini oqlab boʻlib, sirtga chiqdim. Oftobli kun edi. Maktab binosining orqa tomonidagi yalanglikda bolalar toʻp oʻynashmoqda. Odatdagi maydonda esa, oʻrdachilarning shovqin-suroni avjida. Devorga suyanib oʻltirib, ularni picha tomosha qildim-da, ishimni davom ettirdim. Dastavval, tikkasiga chiziq tortib, uzun devordan oʻz uyimning chegarasini belgilab oldim. Keyin chelakni kursi ustiga qoʻyib olib, bafurja ohaklay boshladim. Lekin, koʻp oʻtmay, suvi qochib, ohagim devorga yuqmay qoldi. Bitta boʻsh chelak topib, suvga joʻnadim.

Daryoga tik qirgʻoqdagi qiyalama, soʻqmoq orqali tushiladi. Arava yoʻli ham bor, lekin, unisi aylanish — uzoqlik qiladi. Suvni obkash, ot-ulov bilan, hammomga oʻt yoqilgan kunlari arava bilan tashiladi.

Qiyalikka yetganimda, obkashda suv koʻtarib kelayotgan Roqiyaga duch keldim.
— Yaxshimisiz, Roqiya? — deb, unga yoʻl boʻshatdim.

Roqiya alik olgach:
— Bu deyman Oxun, biratoʻla pomirlik boʻlish niyatingiz bor chamasi? — dedi.
— Anavi «ogʻilxonangizni» oqlayotganingizga aytaman-da.
— Endi... Besh kun boʻlsa ham, «ogʻilxonadan» farqlanib tursin-da.

Roqiya kulimsirab, boshi bilan «ma’qul!» ishorasini qilib oʻtib ketdi.

Sohilga, tushganimda bir gala yovvoyi oʻrdak mendan hurkib, havoga koʻtarildi. Bularni koʻrib, daryoning oʻrtasidagi orolchadan, ikki sohildagi baland jarlarning tubidan, nariroqdagi manzil ortidan, oʻnlab, yuzlab gʻoz va oʻrdaklar koʻkka oʻrladi. Osmonni tutgan «gʻat-gʻut»lardan daryoning shovqini ham eshitilmay qoldi. Men ularning shovqin-suroniyu parvoziga mahliyo boʻlib, koʻpga qadar turib qoldim. Toʻluboy merganning aytishicha, bular mehmon qushlar boʻlib, issiq oʻlkalarga ketish mavsumi boshlanib qolgandi. Ularning oʻtish davri yana biror oy davom etib, keyin, kelgusi yilning ilk bahorida qaytib kelisharkan. «Shu qushlarning ichida bitta oq gʻoz bor, oʻsha gʻoz birinchi boʻlib qaytib kelishi bilan, Pomir zaminida bahor boshlanadi», degan edi Toʻluboy. Mergan shunday degandan buyon, men bu ilvosinlar galasidan oʻsha oq gʻozni koʻp izladim...

Nihoyat, qushlar olislab ketishdi. Men daryo labiga keldim. Darvoqe, bu daryoning nomi ham, tumanning nomidek Murgʻob deb ataladi. Aniqrogʻi — tumanning nomi daryodan olingan. «Murgʻob» tojikchasiga «murgʻ — oʻrdak», «ob-suv» ya’ni — oʻrdaklisoy degani ekan.

Chelagimni endigina suvga botirganimda, faqat shunaqangi pokiza suvlardagina yashaydigan, mudrab yotgan bir gala gulmohi baligʻi tiraqaylab qochishdi. Bu yerlarning baligʻi juda yuvosh tabiatli. Yosh bolalar toʻgʻnagʻichdan qoʻlbola qarmoq yasab, nonning kuyigini hoʻrak qilib ovlashar ekan. Agar, Toʻluboy merganning gaplari rost boʻlsa, suvga kelgan qiz-juvonlar ham baliqlarni choʻmich bilan qirgʻoqqa irgʻitib olar emish. Buning sababi — baliqlarning kamdan-kam bezovta qilinishidadir. Pomirlik qirgʻizlar baliq goʻshtini goʻsht oʻrnida koʻrishmaydi. Meni baliq oviga ketayotganimni koʻrishganda, ajablanib qarab qolishardi. Birortasiga oʻljamdan koʻz haqi bersam, «qoʻy-chi, bacha, buningni kim tozalaydi?» deb, olishmaydi. Albatta, bunday yerning baligʻi bayov boʻladi-da!

Suvni olib, oʻrnimdan turganimda, narigi qirgʻoqda ketayotgan qiz bilan yigitga koʻzim tushib qoldi. Qoʻltiqlarida bir tutamdangina quvrayi bor. Ikkovi bir-biriga, erkalanishib, bot-bot oʻpishib ketishmoqda. Sinchiklab qarasam, qiz merganning qizi, yigit esa, mening Payizim ekan...

Hayrat bilan: — Qoyil-e-e, — dedim-u, maboda, meni koʻrib qolishsa, hijolat boʻlishmasin deb, burilib ketdim.

Peshingacha ishimni bitirib, kunning qolgan qismini oʻz oʻquvchilarim bilan oʻtkazdim. Oʻqituvchilar galma-gal internatda navbatchi boʻlib turishadi. Ya’ni — internat bolalarining ovqati, oʻzlashtirishiyu yotib turishigacha mutasaddilik qilishadi. Bugun mening navbatim edi. Uyimni oqlab, oshxonaga kelsam, oshpaz ayol kechki ovqat pishirishga oʻtin yoʻq deb qoldi. Men darhol bolalarga birdan qop oldirib, qishloqning u yoq-bu yogʻidan tezak terdira boshladim. Tezak terish asnosida, toʻsatdan Unsin:
— Qaranglar! Oxun ogʻayning uyi oq paravozga oʻxshab qolibdi! — deb qiyqirdi, bolalarcha quvnoqlik bilan.

Biz doʻnglikda boʻlganimiz uchun qishloqning uylari pastlikda yastanib yotardi. Qarasam, mening oqlangan uyim, darhaqiqat oʻzining rangi bilan yondosh uylardan farqli oʻlaroq, bir necha koʻrksiz, gʻaribona vagonlarni shatakka olgan paravozga oʻxshab qolibdi.
— Ha-ha! Xuddi oʻzi! — deb chuvillashdi bolalar.

Faqat Sodiqqina aftini burishtirib, Unsinga:
— Hoy, dovdir, parovoz ham oq boʻlar ekanmi? — dedi.
— Oʻzing dovdirsan, men misol uchun aytayabman! — dedi Unsin jahli chiqib.
— Rostdan ham qanday chiroyli paravoz, — dedi Sora, ularning bahsiga e’tibor bermay.

Sorani boshqalar ham quvvatlashdi.
— Qiziq, qayoqqa ketyapti, bu paravoz?
— Hech qayoqqa ketayotgani yoʻq, vokzalda turibdi.
— Yoʻq, qayoqqadir ketayapti.
— Hammang jinnisan! — dedi Sodiq norozi ohangda.

Bolalar oʻz xayoliy tasavvurlari zavqiga botib, miriqib kulishardi.
— Toʻxtanglar! — dedi Adolat, — rostdan ham Oxun ogʻayning uyi paravozga aylanib berigi uylar tirkalgan vagonlar boʻlib qolsa, biz nima qilar edik?

Endi Sodiq ham qoʻshildi ularga:
— Unda men unga tushib olib, ketib qolardim.
— Qayoqqa? — deb soʻrashdi bolalar.
— Qayoqqaligining farqi yoʻq. Maktabi yoʻq yer boʻlsa, boʻlgani...
— Jinnisan, — dedi Sora unga.
— Men, — deb qoldi Ermek. — Afrikaga borardim.
— Oxo-xo-o! — deyishdi bolalar baravar.

Bittasi hushtak ham chalib yubordi.
— Afrikada aslo qish boʻlmaydi, — deb davom etdi Ermek, ularning masxaralashiga parvo qilmay. — Odamlar doyim yalangʻoch yurishadi.

Bolalar yana kulishdi.
— Qasamxoʻr! — dedi Unsin. — Yoʻq, deganda tursi kiyib yurishadi desang!
— Qanday farqi bor? — dedi Ermek.
— Men esa meva-chevalari koʻp tomonlarga ketardim, — dedi Toshboy.
— Mechkay! — dedi hamma bir ovozdan.
— Sen-chi, sen qayoqqa borar eding? — deb soʻradi Adolat, dugonasi Unsindan.
— Menmi? Men... Men... E, baribir oyim meni hech qayoqqa yubormaydi, — dedi Unsin.

Bunga ham kulishdik.
— Sen oʻzing-chi? — deb soʻradi Unsin.
— Bilasizlarmi, men qayoqqa borardim? — deb Adolat xiyol oʻylanib turgach. — Bishkekka borardim. Borib oʻzimga shaharlik qizlar kiyadigan liboslardan koʻplab sotib olib, kun sayin kinoga, teatrga borardim.
— Ox-ox! — dedi Unsin havas bilan.
— Sen-chi, Payiz? — deb soʻrab qolishdi toʻsatdan, odamovi Payizdan.

Payiz nima deb javob berishini bilmay, tirjayib, qizarib-boʻzarib turib qoldi.
— Payiz hech yoqqa ketolmaydi, — deb uning oʻrniga Sodiq javob berdi. — Agar u ketib qolsa, Tuluboy merganning qizi bir umrga ersiz qolmaydimi?

Yana bolalarning umumiy kulgusi yangradi. Payiz dargʻazab boʻlib, Sodiqqa qoʻl koʻtargan edi. Sodiq vaqtida chap berib qoldi.
— Ogʻay, siz nima qilar edingiz? — deb, soʻrab qoldi Adolat kutilmaganda.

Mening ham nimadir deyishimga toʻgʻri kelib qoldi.
— Menmi? Men... Men bir kichkinagina yogʻoch uychada oʻtirib olib, sizlarga bilet ulashib turardim. Chunki, biletsiz hech kimni poyezdga qoʻyishmaydi-da. Mening javobimni ham bolalar quvnoq kulgi bilan ma’qullashdi. Shunchaki hazil bilan boshlangan bahs koʻnglimizni koʻtarib, ruhiyatimizga ajib bir musaffolik baxsh etdi. Chunki, arzimasdek boʻlib tuyulgan, mazkur bahslar zamirida ulkan hayotiy mantiq mujassam boʻladi.

* * *

Bugun havoning avzoyi buzuq. Kuchli shamol esib, oʻrda oʻynaladigan maydonda quyunlar raqsi hukmron.

Men beshinchi sinfda, direktorning darsida oʻtiribman. Ertalabdan beri geografiya va tarix fanlaridan oʻtgan ikki darsida ishtirok etdim. Endi, uchinchisi — rus tilidamiz. Oʻqituvchilarning bunday ish uslubini «tajriba almashish» deb qoʻyamiz. Ammo, rostini aytsam, direktor ikkimizning «almashadigan» hech vaqoyimiz yoʻq ekan. Menga uning ikkala darsi ham yoqmadi. Geografiya darsida u butun sinfdan: «Sholi nima degani?» deb soʻrab chiqdi. (Sholi — oʻtmishdagi jazo usullaridan biri boʻlib, tuyaning xom terisidan tayyorlangan «kallapoʻsh» gunohkorning boshiga kiygizib qoʻyilgan. Teri qurib, qotgan sari, mahkumni mudhish azobga griftor qilgan. 1965 yilgi «Qirgʻizcha-ruscha lugʻat»ning 404-betdagi «kook», 899-betdagi «sholi»ga qarab, izohga hukm chiqarish sizga havola, taqsir. Direktorning ushbu savoli oddiygina «sholi» ya’ni oqlanmagan gurunch boʻlishi mumkinligini hech mantiqqa «sigʻdirolmadim»...) Sinf boʻyicha bittagina boladan tashqari, «sholi» nimaligini bilmaganlar «ikki bahoga sazovor» boʻlishdi. Bilgan bola esa, shu «beshinchida» ikkinchi yil oʻqiyotgan bola boʻlib, oʻtgan yili aynan shu savolga javob berolmay, imtihondan yiqilgan ekan. (Keyinchalik, buni menga oʻsha bolaning oʻzi aytib berdi). U dars oxirigacha men aytaman deb, qoʻl koʻtarib turdi. Yonidagi bolalarning (Bizga ham aytib qoʻysang?) degan yolvorishlariga parvo qilmadi. Nihoyat, direktor undan soʻragach, bola toʻgʻri javob berdi. Ammo, direktor «bilganingni boshqalarga aytmaganing uchun» deb, unga ham «ikki» qoʻydi. Buni koʻrgan, «alamzada» bolalarning boshi koʻkka yetgandek boʻldi. Bunday uslubning mohiyatiga men aslo tushunmadim.

Tarix darsi hammasidan gʻaroyib boʻldi. Direktorning «guldurgup oʻyini» degan uslubi bor ekan. Bu uslub ta’limning yoʻrigʻiga binoan, u taxtani toʻldirib savollarni yozib, soʻngra sinfni roʻyxat boʻyicha chaqira boshladi. Oʻquvchilar doskaga chiqib, savollar qarshisiga bilgan javoblarini jimgina yozishib, qaytib joyiga oʻtirishardi. Har gal chiqqan oʻquvchi, oʻzidan oldinga chiqqan oʻquvchining xatosini tuzatardi. Nihoyat, «guldurgup»dan zerikkan bolalar «eng ichida» kartani boshlab yuborishdi. Oʻyinga berilib ketgan bittasi, kutilmaganda: «Dama!» deb qichqirib yubordi. Bu qichqiriq «guldurgup oʻyini»ning qoidasini buzdi. Direktor doskaga Payizni chiqarib, unga javobni yozmasdan, ogʻzaki ayta qolishini soʻradi. (Chamasi, oʻzi ham «guldurgup»dan bezgandi). Payiz yolchitib javob berolmagach, direktor doskaga Sodiqni chaqirdi. Sodiq chiqib, yaxshi javob bergach, direktor unga baho qoʻyib boʻlib, «Qani, endi, Sodiq mana buning yuziga tarsaki tushir» deb, Payizga ishora qildi. Buyruq sinfga ham yoqa tushdi — oʻquvchilar baralla kulishib, buyruqning ijrosini kuta boshlashdi. Biroq, Sodiq, «ogʻay» deb ikkilanib, yuragi dov bermasdi. «Ur! Ur!» deb qiyqirdi direktor. Bolalar ham uning buyrugʻini takrorlashardi. Bechora Payiz, bu uning hamishalik qismati boʻlsa kerak, taqdirga tan berib, ikki koʻzini loʻq qilib tura berdi. Faqat, bir martagina iltijo bilan menga qarab oldi. Men ojizona boshimni quyi soldim. Bu orada «tars!» etgan ovoz eshitilib, gurra kulgi koʻtarildi. Qarasam, Payiz chap yuzini siypalaganicha, alamli nigohini deraza tomonga oʻgirdi. Derazaning nariyogʻida esa, shamol uvillab, oʻrda oʻynaladigan maydonda hamon quyunning raqsi davom etardi...
— Abdusamatov! — deb qichqirdi direktor.
— Qaysi birimiz, ogʻay? — deb soʻradi bir oʻquvchi.
— Sen emas, Qoʻychumon, chiq!

Doskaga chorpahl, sap-sariq bola chiqdi.
— Где ты стоишь?! — deb oʻdagʻayladi direktor unga.

Qoʻychumon ruscha savolga tushunmay, oʻrtoqlariga moʻltilladi.
— Doskaga yaqinroq, tur deyapti, — deb tarjima qilib berdi bir bola.

Qoʻychumon doska tomonga bir qadam jildi-da, burnini shilqil-latib tortib olgach, savolni ham kutmasdan boshlab yubordi:
— Белеет парус одинокий
В тумане моря голубом
Что идёт? Что идёт?
deb borib, duduqlanib turib qoldi. Direktor unga gʻazabnok tikilib, menga ham bir yonaki qarash qilib qoʻydi...

Avvalgi ikki darsini picha muhokama qilganimizda, men salbiy baho bergan edim. Oʻzi: «Xolis gapiraver, hamisha dangalchi boʻlishimiz kerak», dedi. Ehtimol, mendan maqtov kutgandir? Uning darslarini hamisha maqtasharkan. Rayondagi yigʻinlarda ham uni namuna qilib koʻrsatisharmish. Murabbiylik qilgan yillari chindan ham ibratga arziydi. Yigirma toʻrt yillik umri maktabda oʻtgan. Shundanmi, mening ters bahoyim ogʻir botib, hazilakam «irgʻishlamadi». Bizning munozaramizni eshitib turgan boshqa muallimlar ham oʻzlaricha oʻngʻaysizlanib moʻ‘tabar kimsaning oldida men uchun hijolat chekishayotgandek edilar...
— Думай, думай, — dedi direktor Qoʻychumonga. Darsi ruscha-qirgʻizcha aralash olaquroq edi. Begona kimsa boʻlmasa, darsni qirgʻiz tilidayoq «qoyilmaqom» qilib qoʻyadigan siyohi bor. Qoʻychumon izlaganini topmay, madad kutib, sinfga jovdirardi. Oʻrtoqlaridan biri unga shiftni imo qilib qoʻydi. U darrov shiftga qaradi. Shiftning vassajuftlari enli-enli taxtalardan iborat edi. Qarasam, har bir taxtaning yuzasi qalam, siyoh va boʻr bilan turli fanlarga taalluqli tayyor «shpargalka»ning oʻzginasi bitilgan ekan.

Qoʻychumon «shpargalka»ni xiylagacha hijjalab, oʻqib turib, nihoyat:
— В глу-иби-ну си-бир-ских руд[4]... deb entikib, qiroatini keltirib oʻqib berdi.
— Nima deb aljirayapsan?! — deb qichqirdi direktor figʻoni falakka chiqib.

Men bostirib kelayotgan dahshatli kulgudan qoʻrqib, deraza tomonga burilib, shaytonga hay berdim. Tangrim qoʻllab, bu fojeiy vaziyatga qoʻngʻiroq ovozi nuqta qoʻydi. Men darrov eshikka shoshildim.

Yoʻlakka chiqsam, Payiz Sodiqning ikki qulogʻidan mahkam ushlab, bechorani devor suzdirtib, boyagi tarsakining hisob-kitobini qilayotgan ekan.

Men poʻpisa ohangida — «Hoy bola!!» deb qasoskorni shashtidan tushirdim. Payiz Sodiqni qoʻyib yuborib nari ketdi. Men oʻqituvchilar xonasiga kirdim. U yerda oʻtirishgan hamkasblarimning suhbati chortang, kulgi avjidaydi. Kirishim bilan, suhbatga «darz ketdi». Kaminaga qadalgan nigohlarida ilgarigi samimiyat oʻrniga, sirli bir ifoda zuhur etardi. Bu men uchun jumboq edi.
— Ishqilib, tinchlikmi? — dedim ularga.
— Ha, shunchaki, oʻtgan bir hangoma tufayli kulishib oʻtiribmiz, – deb qoʻydi ilmiy mudir.

Shu asnoda direktor kirib keldi.
— Xoʻ-oʻ-oʻsh ,Oxun, — dedi u, soxta samimiyat bilan. — Endi bu darsimga nima deysan?

Mening nimagadir gʻayirligim keldi. Nimaligini oʻzim ham bilmayman.
— Bu safar ham boyagi-boyagi, Toshmat aka, dedim. — Oʻquvchilar darsingizni bilishmaydi.

Direktor jonli haykalga aylandi goʻyo, bir qizarib-bir boʻzarib barchani nigohi bilan kuzatib chiqdi. Hech kimning tili kalimaga kelmasdi. Xayriyat mudir:
— Dars boshlandi, oʻrtoqlar, hamma darsga, — deb, jonimizga oro kirdi.

Oʻqituvchilar jurnallarini olib xonani tark etishdi. Direktor ikkimiz yolgʻiz qoldik. Oʻrtaga noqulay jimlik choʻkdi.

Nihoyat, jimlikni direktor buzdi:
— Unda, nima qil deysan menga?
— Bilmadim. Men oʻquvchilarga achinaman. Ularga uvol...
— Uvol boʻlsa, men oʻqituvchilikka nuqta qoʻyaymi?!
— Bu sizning ishingiz.
— Hoy, bola! Bilasanmi, men qancha yildan beri shu kasbda ishlab kelayapman?! Yigirma toʻrt yildan beri!

Direktorning koʻzlari chanogʻidan chiqib, gʻazabdan tili kalimaga kelmasdi. Mening ahvolim ham unikidan kam emasdi. Bu turishimizning oxiri xosiyatsiz edi. Men darsni bahona qilib, tashqariga yoʻnaldim.

Yoʻlakda Roqiyaga duch keldim.
— Oxun, — dedi u, mening ruhiyatimga e’tibor bermay. — Yangilikni eshitdingizmi?
— Qanday yangilik?
— Toʻluboy merganning qizi homilador boʻlib qolibdi.

U menga sinovchan tikilib turardi.
— Qiziq yangilik ekan, — dedim men, beparvo jilmayib. — Bolaning otasi kim ekan?
— Otasi savalasa ham, qizi aytmayotgan emish.
— Yoshlik-da, — dedim men, hazil aralash.
— Lekin, oʻqituvchilarning koʻpchiligi sizdan shubha qilishyapti, — dedi u... Koʻzlari esa, hamon sinovchan tikilib turardi.

Menga hamma narsa endi ravshan boʻlgandi. Haligi, xonadagi kulgilarning ildizi ham shu yoqda ekan-da...
— Shunaqami? Bu tuhmat! — dedim. Alamli gʻazabdan tomogʻim boʻgʻilib, boshqa soʻzga kelolmay, jadal yurib ketdim.

* * *

Shu ketgancha uyimga borib, tappa tashlab, kun botarda tashqariga chiqdim. Tashqarida tuman tushib, xaflasizlik bilan qor elamoqda. Unda-bunda bitta-yarimta kimsaning arvohdek sharpasi elas-elas koʻrinib qoladi. Qishloqqa vazmin sukunat choʻkkandi.

Men choy, qand uchun magazinga bordim. Magazinda Sodiq, direktor va mergan bor ekan. Magazinchi peshtaxta ortida, bir qoʻlini iyagiga tirab bir qoʻlida tishni kovlardi. Mergan bilan direktor bochkalar ustiga joylashib, oʻrtaga bir shisha aroqni qoʻyib olishgandi. Mergan mast, shekilli, xuddi yosh boladek mingʻirlab yigʻlardi. Direktor aftidan mast emas, merganni koyib, nimalarnidir qulogʻiga quyardi. Bu manzara meni hushyor torttirdi.

Baribir salom berish lozim: — Assalomu alaykum, — dedim, omonatgina.

Hech kimdan sado chiqmadi. Mergan boshini koʻtarib:
— Haromining bolasi, — dedi, lablari titrab. — Seni tuppa-tuzuk odam ekan deb, kun ora, hafta sayin uyimga chorlab, topganimni oldingga qoʻyib, siylab yursam, oqibating shumi, qariganimda elga sharmanda qilding. Uv-uv-uv... — Merganning yigʻisi avvalgidan battar avjiga chiqdi.

Hamma narsa oldindan ma’lum boʻlgani uchun, «mushuk-sichqon» oʻynashning hojati yoʻq edi.
— Toʻluboy aka, bu ishga mening hech qanday aloqam yoʻq, — dedim jahlimni yutib.
— Aloqang bor! — deb qichqirdi mergan. — Sendan boshqa hech kim mening uyimga borgan emas!

Bu soʻziga men javob qaytarmadim.
— Oxun, — deb oraga suqildi direktor, — Sen bilimli muallimsan, men esa bilimsizman. Sen bolalarga koʻproq bilim berasan, men esa ozroq. Biroq ikkilamiz ham pedagog degan nomga egamiz. Shundaymi? Shunday? Endi oʻzing ayt-chi, sen qilgan ish taqdirlashga munosibmi?

«Johil» deb qoʻydim ichimda.
— Buni men qilganim yoʻq.
— Seni jazolashimiz kerak.
— Kim?
— Direktor, oʻzingga ma’lum — men direktorman. Men seni jazolayman. Jazong shu — bu kecha Pomirda tunaysan. Ertaga e-erta turib, jomadoningni koʻtarib, qorangni oʻchirasan.

Bunisi suyagimdan oʻtib ketdi.
— Mayli! — dedim, alam bilan, qat’iy. — Men ketaman! Ammo...
— Yoʻq! — deb qichqirdi mergan, mening soʻzimni boʻlib, — Bu jazo kamlik qiladi, Toshmat. Shuyam jazomi?! Mening qizimni homilador qilib qoʻyib, meni butun Pomirga sharmanda qilib, silliqqina keta beradimi? Bunisi ketmaydi, sadagʻang ketaylar. Bu bola... uylanishi kerak mening qizimga!
— Mana bu — ayni haqiqat! — dedi, hanuzgacha tishini kovlab, mum tishlab oʻtirgan magazinchi. — Oʻshanda six ham kuymaydi, kabob ham.
— Toʻluboy, xotiring jam boʻlsin, sening qizingga kuyov topiladi, — dedi direktor. — Pomirlik yigitlarning bu kelgindidan oʻlsa, oʻligi ortiq. Bu ketaversin.

Ha, xom sut emgan banda-ya! .. Ayni damda, menga eng alamli joyi — bu johil, chalasavod «murabbiyning» nega bunchalar jon kuydirib, Pomirning izzat-nafsini, gʻururini himoya qilayotgani, alamzada ota bilan, gumroh magazinchining yetti uxlasa ham tushiga kirmasdi. Direktor uchun, oʻsha qizning or-nomusi emas, fursat-gʻanimatda mendan oʻch olish, «shakkok», «gʻayripomir» bir kelgindining dumini tugish edi.
— Yoʻq, Toshmat, bu uylanadi mening qizimga, — dedi mergan. U oʻrnidan turib, men tomon yurdi. — Hoy, bola, sen uylanasan mening qizimga. Yoʻqsa... — mergan gribonimdan olib, silkita boshladi, — seni oʻzim jazolayman. Men seni xuddi Pomirning chiyaboʻrisini otganday, otib tashlayman!
— Ox-xo! — dedi shu damda, sirtdan kirib kelgan birov. Magazinning ichi qorongʻilashib qolganidan, kelgan kimsani darrov taniy olmadim. Uning ustida ogʻir poʻstin, tumogʻini bostirib kiyib olgandi. Oʻzi qorboboga oʻxshab qolibdi. Men tugul, berigilar ham taniy olishmadi.
— Chirogʻingni yoq-chi, Turat aka! — dedi, sabrsizlik bilan.
— Iya, Mamanmisan? — dedi magazinchi uni tanib. — Hozir, hozir... uka...

Mamanning kutilmagan tashrifi hammamiz uchun Ollohning inoyatiday bir gap edi. Mening koʻzimga esa, xuddi Iso Masihdek boʻlib koʻrindi. Deputat engil-boshidagi qorlarni qoqdi. Chiroq yonib, koʻz-koʻzga tushgach:
— Qani, bu yerda kim kimni otmoqchi? — dedi, hazil aralash. Soʻng, hammamiz bilan jimgina qoʻl olishib chiqdi.
— E-e, uka, bizda falokat yuz berdi, — deb direktor otini qamchilab qoldi. — Oxun manavu shoʻrpeshonaning qizini boʻgʻoz qilib qoʻyibdi.

Deputat keskin burilib, menga hayrat bilan tikilib qoldi. Men birinchi boʻlib uning gapirishini kutdim.

Direktorning soʻziga laqqa tushgan deputat: — Biz sendan buni kutmagandik-ku, Oxun? — dedi, barmogʻi bilan koʻkragimga niqtab.
— Yolgʻon aytsam, yigit oʻlayin, — dedim men, ishonarli chiqsin uchun, vazmin ohangda, — bolaning otasi men emasman.

Oʻzimni oqlash uchun, qasam ichib, bularning oldida tuban ketib oʻtirganimdan, oʻzimdan oʻzim nafratlandim. Lekin, busiz iloji ham yoʻq edi. Chunki, ish chappasiga aylanib borayotgandi.

Deputat menga uzoq sinovchan tikilib turib, keyin ular tomonga burildi.
— Sen tonib ketaman deb oʻylama, Oxun, — deb, yana boshladi direktor. — Undan koʻra, «Ogʻaynilar, yoshlik qildim, shayton yoʻldan urib, qizning boshini aylantiribman», desang mana, Maman ham kelib qoldi, koʻplashib bir chorasini topamiz. Eng osoni unga uylanib, hammani, jumladan, oʻzingni ham isnod botqogʻidan asrab qol. Toʻgʻrimi, Maman?

Direktor soʻzini tugatguncha deputatning koʻzidan koʻzini uzmadi.
— Shoshmanglar-chi, — dedi deputat. — Menimcha, Sizlar uni shunchaki gumon qilayotganga oʻxshaysizlar. Qiz oʻzi nima deydi?
— Juvonmarg, menga hech narsani aytmayapti, — dedi mergan, boyagidan xiyla shashtidan tushib. — Urdim, soʻkdim, qoʻrqitdim, natija chiqmadi.
— Unday boʻlsa, bu mojaroni oʻrtoqlik sudida qilni qirq yorib, batafsil tekshirib, keyin hukm chiqaramiz. Oxun, sen qoʻrqma, sudning raisi oʻzimman. Oq boʻlsang — oq, qora boʻlsang — qora, adolatli tarzda hal qilaman. Agar, bola boshqadan boʻlsa, da’vogarlaringning soqoliga oʻt qoʻyaman. Agar, aksincha boʻlsa, bacha, mendan oʻpkalama! Ha, shunday.
— Nima deysan?..
— Men hozir tuman markaziga shoshib turibman. Ertaga majlis boʻlarkan. Xudo xohlasa, indinga, oʻn ikkilarga kelib qolaman. Oʻshangacha qishloqdagilarni oʻrtoqlik sudiga taxt qilib qoʻyinglar. Uqdingizmi?
— Uqdik.
— Toʻluboy aka, siz qizingizni olib kelasiz, men oʻzim soʻroq qilaman. — Mergan bosh silkib, rozilik bildirdi. — Shunday boʻlsin. Turot aka, raisni koʻrmadingizmi?
— Hayronman. Boya Murgʻobga boraman, deb yuruvdi.
— Murgʻobga ikkalamiz bormoqchimiz. Mening kelishimga mashina tayyorlab qoʻymoqchiydi. Yaxshisi uning uyiga borib koʻray-chi...

Deputat chiqib ketdi. Magazinda yana toʻrtovlon qolib, oraga noqulay jimlik choʻkdi. Nihoyat, men ham eshikka yuzlandim. Eshikka chiqqach, choy va qand uchun kelganligimni esladim. Biroq qaytib kirmadim.

Tashqarida hamon qor yogʻmoqda. Hech kimsa koʻrinmaydi. Mutlaq jimjitlik. Faqat oʻrda otiladigan maydonda Mamanning qoʻtosi turardi.

Maktabning oldidan oʻtib ketayotsam, maktab muzeyining chirogʻi yonib turibdi. Hoʻv, mergan maqtagan muzey-da. Tan berish kerak — maqtovga loyiq muzey. Har qanday viloyatlardagi muzeylardan qolishmaydi. Derazasidan qarasam, oq xalatda, bir kiyikning tulumiga xas-hashak tiqayotgan mudir koʻrindi. Xiyol oʻylanib turib, uning oldiga kirib bordim.

Bu muzeyda Pomir hayvonot dunyosining jamiki namunalari, toshu tuprogʻi, oʻsimliklarning alvon nusxalari mavjud. Qisqasi, bu mittigina Pomir chinakam muzey. Muzeyni muzey qilganlar esa, darhaqiqat, Toʻluboy mergan bilan Mamit aka. Biri togʻu toshdan otib, termalab, qazib olib kelsa, ikkinchisi qoyilmaqom qilib, eksponat yasaydi. Ikkalasining mehnati ham beminnat, ixtiyoriy. Albatta, muzey Mamit akaga — ayni muddao: u zoologiya, botanikadan dars beradi, Toʻluboy mergannikini esa haqiqiy fidoyilik deyish mumkin. Koshki edi, mehnatiga maktab sariq chaqa toʻlab qoʻysa?! Rosti gap doʻppisi tor kelib qolgan paytlarda, Mamit aka, oʻz hisobidan besh-oʻn soʻm pul, ba’zan aroq quyib beradi, xolos. Boʻlgani shu — vassalom. Ikkisini maqtab, rahmat degan biror kimsa yoʻq. Bular ham birovdan ta’ma qilmaydi. men muzeyga kirib, zich qoʻyilgan eksponatlar oralab oʻtib, Mamit akaning yoniga bordim.
— Assalomu alaykum, Mamit aka.
— E-e, senmisan, Oxun, — dedi Mamit aka jilmayib, — kel, oʻtir.

Men Mamit aka koʻrsatgan eski yashik ustiga oʻtirdim.
— Sen otgan kiyik, — dedi Mamit aka, yasayotgan tulumini koʻrsatib. — Chiroyli taka otibsan.

Qarasam, rostdan ham oʻsha taka ekan.
— Mamit aka, Toʻluboy merganning qizi haqidagi mish-mishlarni eshitdingizmi? — deb soʻradim undan.
— Eshitdim, — dedi u.

Yana biror narsa dermikin desam, indamadi.
— Bu ishga mening zarracha aloqam yoʻq, — dedim, — uning diliga qoʻl solib koʻrish uchun.
— Aloqang yoʻq boʻlsa, yoʻq-da, — dedi u.
— Sen sabr qilib tur. Ertami-kechmi, haqiqat yuzaga chiqadi. Mening bittasidan shubham bor.
— Kimdan?

Mamit aka qiynalib, anchadan keyin aytdi.
— Payizdan.
— Mening ham! — dedim deyarli qichqirib. — Oʻsha bolaning oyoq olishidan gumonim bor edi-yu, lekin, oʻz oʻquvchim haqida yomon oʻyga borishga istihola qildim.
— Qorasoch bilan Payizning munosabatlarini koʻpdan bilaman. Ikkalasi maktabga birga kirishib, oltinchi sinfgacha bir partada oʻtirishdi. Oltinchi sinfdan Payiz aynidi, nochor oʻqib, sinfdan-sinfga koʻchmaydigan boʻlib, oʻtgan yildan umuman, oʻqimay qoʻydi. Qorasoch esa oʻninchini bitirib ketdi. Ammo, ular hali ham bir-birini yaxshi koʻrishadi. Payizning oʻziga qolsa, bugunoq maktabni tashlab, Qorasochga uylanib olardi. Menimchayam, shunisi tuzuk edi. Koʻrib turibsan, u qariguncha oʻqisa ham, hech narsa chiqmaydi. Undan koʻra, oila qurib, xoʻjalikning bir koriga yaragani yaxshi.
— Shundoq ekan, uni maktabdan chiqarib yuborsak boʻlmaydimi?
— Bu Mamanning istagi. Eplab, sakkizni tugatib bersangizlar, texnikumga kirgizib qoʻyaman, deydi. Uning yuzidan oʻta olmay, sudrab yuribmiz.

Ikkalamiz ham xiyla jim qoldik.
— Shunday... — dedi mudir, — Mening shubham shu boladan.

Men ketishga chogʻlanib:
— Xoʻp, xayr, — deb eshik tomon yurdim.
— Xotirjam boʻlaver, uka, buning tagiga yetmay qoʻymaymiz.

Men uyimga kelib, chiroqni yoqdim. Pechkaning oʻti oʻchib, uy ichi muzdekkina boʻlib qolgan ekan, oʻt yoqdim. Hademay, sovuqdan huvillagan kulbamga fayz kirib, badanimga huzurbaxsh iliqlik yugurdi. Deputat bilan mudirning odamshavandaligi, bezovta ruhimga iliqlik olib kirgandi. Biroq, shunday boʻlsa ham, koʻnglimdagi gʻubor toʻliq arimay, yolgʻizlik hissi qiynab, dilimni mavhum bir sogʻinch ezib, xayolim parishon edi. Zang bosgan eski karavotimni gʻijirlatib, lopillab yogʻayotgan laylak qorga derazam osha tikilib, uzoq yotdim. Axiri, yotishdan bezib, pechkaning oldiga kelib, mungʻayib oʻtirsam, nogahon, koʻzim burchakdagi bir shisha aroqqa tushib qoldi. Bu Merganning dasturxoniga atab olingan matoh edi. Sizga ilgari ham aytgan boʻlsam kerak, merganning uyiga hech quruq qoʻl bilan bormasdim. Sababi, mergan meni ovga taklif qilganda, hamisha bir shisha shu «zormandaga» sha’ma qilib turardi.

Men aroqni koʻrib, xoh ishoning, xoh ishonmang sevinib ketdim. Hargiz yolgʻiz ichmagan jonim, shahd bilan borib, bir chogʻroq piyolaga toʻldirib quydim-da, bir koʻtarishda sipqordim. Goʻyo, ichim yondi-yu, ogʻzimdan tutuni chiqdi! Och qoringa darrov oldi. Bir zumda binoyidek mast boʻlib qoldim. Biroq, yuragimdagi asorat hamon turardi. Toʻsatdan bir yaxshi ulfat bilan yoki bir dilbar ayol zoti boʻlsa, oʻsha bilan hislarimga erk berishni qoʻmsab qoldim. Moʻ‘jiza — kutilmaganda, komendantning qizi yodimga tushdi! Darhol unga maktub yoza boshladim. Xatim taxminan quyidagicha boshlangan edi. «Oydinim, men seni behad sogʻindim. Ushbu xat qoʻlingga tegar zahoti, yoʻlga otlan. Yostigʻimiz bitta boʻladi», degan mazmundaydi.

Xatni konvertga solib, manzilini yozib oʻtirsam, Payiz kirib keldi. Mening bor vujudim xatda boʻlib, Payiz bilan merganning qizi xususida bir ogʻiz soʻz ham demabman. Aksincha, salom-alikni ham unutib, uning qoʻliga konvertni tutqazib: — Ma! Pochtachiga borib ayt, xatni bugun kechasiyoq joʻnatsin!
— Ogʻay, mening sizda ikki ogʻiz gapim bor edi, — dedi Payiz.
— Keyin! Keyin gaplashamiz! Hozir chop! — deb qichqirdim men.
— Pochtachi bugun kechasi, joʻnata olmaydi, — dedi Payiz. — Undan koʻra, hozir Maman togʻam rayonga joʻnayapti, oʻshandan berib yuboraymi?
— Berib yubor! — dedim.

Payiz chopib, chiqib ketdi.

* * *

Ikki kundan keyin, dam olish kuni oʻquvchilarning daftarini tekshirib oʻtirsam, beshinchida oʻqiydigan Qoʻychumon degan bola xalloslab, kirib kelib:
— Ogʻay, Maman aka keldi, sizni kelsin, oʻrtoqlik sudini boshlaymiz deyapti, — dedi.

Qishloq ahli ertalabdan beri mening ustimdan boʻladigan ushbu sudni sabrsizlik bilan kutishardi. Men, sudning xotimasidan qoʻrqmasdim, albatta. Lekin «oʻrtoqlik sudi» degan ushbu tomoshadagi «bosh qahramonning roli» boshimni qotirardi... Nachora, kiyinib olib, yoʻlga tushdim.

Oʻrda otiladigan maydonda, tanish qora «Volga» turibdi. Uni oʻquvchilar-u, hangomatalablar oʻrab olibdi. Deputatning yonida turgan direktor, meni koʻrib:
— Qani, hamma klubga! — deb xitob qildi.

Toʻplanganlar yoppasiga klubga tomon oqdi. Voqeadan bexabar kimsa, bularning chehrasidagi shodlik va quvonch alomatlarini koʻrib, klubda oʻrtoqlik sudi emas, noyob tomosha bor ekan deb oʻylashi shubhasiz edi. Bularga ham qiyin — bir qolipdagi, zerikarli hayotning psixologiyasi edi bu!
— Yosh bolalarga nima bor bu yerda?! — dedim, jahlim chiqib, klubga birinchi boʻlib kirib ketayotgan oʻquvchilarni koʻrib.
— Bizning oʻrtoqlik sudimizga, hamma birdek ishtirok etadi, — dedi direktor.
— Qoʻrqma, — dedi deputat kulib, yelkamga qoqib. — Oq boʻlsang — oqqa, qora boʻlsang — qoraga hukm chiqaraman. Deputatimning ushbu soʻzlari bu gal menga yoqmadi, aksincha, jigʻimga tegdi. Tomoshaga rejissyorlik mavqei shu insonning qoʻlida edi.
— Usenboy! — deb qichqirdi Maman qora «Volga»ning haydovchisiga. — Endi, sen ketaver.
— Qoʻya tur, bacha, — dedi Esonboy, «Volga»sining eshigini yopib. — Sizlarning tomoshangizni koʻrib ketayin. Bunaqasi bizda ham kam boʻladi.
— Ha, mayli, koʻra qol, — dedi Maman. — Borgach, boshqalarga hikoya qilib berarsan.

Men klubga oxirgi boʻlib kirdim. Klubning ichida igna tashlasang, yerga tushmaydi. Kelganimdan beri bu klubda besh-olti marta kino koʻrsatildi, bir marta xoʻjalik majlisi boʻldi, lekin unda bunchalik el toʻplanmagandi. Kirishim bilan, hamma, goʻyo meni birinchi marta koʻrayotgandek, qarab qolishdi. Men jimgina borib, oldingi qatordagi oʻrindiqdan bir oʻquvchini turgʻizib, oʻrniga oʻtirdim.
— Oxun, sening joying bu yoqda, — deb qoldi Maman.

Prezidiumda undan boshqa yana ikki kishi direktor bilan mudir bor edi. Direktor menga old tomondagi, oʻzining roʻparasiga qoʻyilgan yolgʻiz kursini koʻrsatdi. Men gʻijinib, borib oʻsha kursiga oʻtirdim. Endi orqa tomonimdan butun zal, roʻparamda hay’at a’zolari. Deputat oʻrnidan turib, stoldagi qoʻngʻiroqni olib, zalni tartibga chaqirdi. Gʻala-gʻovur bosilgach, qoʻngʻiroqni qoʻyib, grafindan stakanga suv quyib, bir hoʻplam ichdi-da:
— Oʻrtoqlar! — deb zalga murojaat qildi. — Oʻzingizga ma’lum, oʻtgan yildan beri bizda oʻrtoqlik sudi boʻlgani yoʻq. Biroq, bunga men aybdor emasman. Sud boʻlishi uchun unga dalil kerak, bizga esa, shu kungacha da’vo tushgani yoʻq. Maman soʻzdan toʻxtab, yana grafinga qoʻl choʻzdi. Men derazaga qaradim. Derazadan oʻrda maydoni koʻrindi. Maydonda toʻqim urilgan Mamanning qoʻtosi bilan qora «Volga»dan boshqa hech narsa koʻrinmaydi. Qoʻtos «mudrab yotgan» qora «Volga»ning «koʻzoynagi»ni betinim yalardi. — Mana, oʻrtoqlar, endi bizga ariza tushdi, — dedi oʻrtoqlik sudining raisi. — Bugun biz oʻqituvchi Matholiqov Oxunning ishini koʻramiz. — Deputat, men tomonga bir qarab oldi. Zaldagilar ham menga qarab, shivir-shivir boshlandi. — Oʻrtoqlar, jim! — Deputat qoʻngʻiroqni yana jiringlatib qoʻydi. — Endi, oʻrtoqlar, sudimizning navbatdagi majlisini ochiq deb e’lon qilaman! — Maman bosh boʻlib, zaldagilar bir sidra qarsak chalib qoʻyishdi. Sud raisi joyiga oʻtirib, yana suvdan bir hoʻplab, ikki yonidagi maslahatchilari bilan shivirlashib oldi. — Qani, oʻrtoq Matholiqov, oʻrningizdan turing-chi, — deb menga «siz» deya murojaat qildi.
— Gʻoʻddayib turishim shartmi?! — dedim men.
— Ha, — dedi rais. — Qoidasi shunaqa. — Men oʻrnimdan turdim. — Oʻrtoq, kotib aybnomani oʻqib, eshittiring.

Kotib maktab direktori edi. U oʻrnidan turib, tomoq qirib, qogʻozni qoʻliga oldi. Ayni shu pallada, zaldan:
— Toʻxtang! — degan xitob eshitilib, kotibga xalal berdi.

Bu Toʻluboy merganning qizi edi. Koʻp yigʻlaganidan boʻlsa kerak, qovoqlari shishib ketibdi. Qiz oʻrnidan turib, zaldan kimnidir axtara boshladi.
— Payiz! — deb qichqirdi u. — Ayt endi! Turmaysanmi, Payiz?!

Hammaning hayratli nigohi qizda, oʻzaro shivir-shivir boshlandi.
— Ana, aytganim toʻgʻri keldimi?! — dedi Sodiq atrofidagi sinfdoshlariga.
— E-e, tinchlaninglar! — deb qichqirdi direktor. — Toʻluboyning qizi, sen tartibni buzmay, joyingga oʻtir! Bu yerga biz senga qayishib kelib oʻtiribmiz.
— Toshmat aka, qoʻya turing-chi, — dedi Maman, bir narsani sezganday. — Qorasoch, Payizga nega unaqa deyapsan? Payiz nimani aytishi kerak?
— Maman aka... — dedi qiz, yigʻlamsirab, – Oxun ogʻayda hech qanday ayb yoʻq...

Xudoga shukur, dedim ichimda. Zalda gʻala-gʻovur boshlanib, bari menga qarab qolishdi. Aslida, shunday boʻlishini koʻnglim sezib turardi. Maman menga qarab olib, yana Qorasochga yuzlandi:
— Unda, kim aybdor?! — deb soʻradi.

Qiz unga javob bermasdan, yana zalga qarab:
— Payiz! Sen oʻzim aytaman degan eding-ku?! — deb qichqirdi.

Shu mahal zalning oxiridagi burchakdan, Payiz otilib chiqib, oʻzini eshikka urdi. Hamma uning ortidan qarab qolaverdi.
— Shumidi?! — deb qichqirdi mergan, qizining yoniga yugurib kelib. Qiz javob berish oʻrniga, yigʻlab yubordi-da, asta joyiga choʻkdi. — Ayt, yash-sh-shamagur! — Mergan qizining sochidan burab, tortdi. Qorasoch boshini sarak-sarak qilib tasdiq ishorasini qildi. Mergan nes boʻlib turib qoldi. Xaloyiq esa, biri olib-biri qoʻyib, klubni boshiga koʻtarishardi. Payizning sha’niga, kulgu aralash, latifa, kesatiq «bolalay» boshladi. «Tomosha»da mening «rolim» tugagan edi! Koʻzlarim Mamanning ayanchli nigohi bilan toʻqnashdi. U, koʻzini olib qochib, oʻrnidan turdi-da, qoʻngʻirogʻini ishga soldi. Shovqin-suronning dami kesildi.
— Oʻrtoqlar, oʻrtoqlik sudining navbatdagi majlisini yopiq deb e’lon qilaman. Oʻqituvchilardan boshqa hammaga ruxsat, Toʻluboy aka, siz qizingiz bilan qoling.

Hangomatalablar gʻala-gʻovur, tapir-tupur qilishib, toʻda-toʻda boʻlib, chiqib ketishdi. Soʻnggi soʻz Mamanda qolgandi! U, uzoq sukutdan soʻng, nihoyat tilga kirdi:
— Men Payizni yolgʻiz opamning bolasi deb, oʻqitib, odam qilayin degan niyatda edim, — dedi u. — Boʻlmadi. U, oʻqib boʻldi. Endi uni menga bering, ogʻaylar. Endi uni oʻzim oʻqitaman. Toʻluboy aka! Siz koʻp koyimang. Boʻlar ish boʻldi. Nachora, ikkovi ham ahmoqlik qilishibdi. Endi ularning boshini qovushtirib qoʻyaylik. Yoʻq, demasangiz, men bularni, oʻzim bilan olib ketaman. Nima deysiz?
— Toʻy-poʻysiz, quruqqinami? — dedi mergan. U, oriyat uchun shunday degani bilan ishning bu tarzda silliq koʻchganidan, ichida quvonchda ekanligi sezilib turardi.
— Toʻyni, xudo xohlasa, bahorda qilamiz, — dedi Maman. — Hozir qish, ish qizgʻin. Toʻy qilishga mening ham imkoniyatim yoʻq, toʻy-toʻylashga elning ham fursati yoʻq. Yaxshi boʻldi, bir qoʻra qoʻyga choʻpon yetishmayovtuvdi. Qorasoch! Bor singlim, Payizni topib, olib kel. Qoʻrqmay kelaversin, urmayman.

Qorasoch otasiga bir qarab olib, shaxdam yurib, tashqariga chiqib ketdi.
— Oxun, — dedi deputat, — bacha, kechir bizni, seni behuda gunohkor qilibmiz. Toshmat aka, soqolingizni bittalab yulsa boʻlardi-yu, yoshingizni hurmat qilaman-da.
— E-e, manavi-da, — deb aybni merganga agʻdardi direktor.
— Imoningni yutma! — dedi mergan. — Men boshdayoq Oxundan zarracha shubha qilgan emasman. Boʻlgani, senga dardimni yorgandim, xolos. Sen darrov: «Bu, Oxunning ishi! Oʻshani mahkam ushla!» deding.
— Oʻtgan ishga salovat, — dedi Maman, oʻrnidan turib. — Endi, ogʻaynilar, ketaylik. Men ham uyimga barvaqt yetib olay...

Hammamiz tashqariga chiqdik. Odamlar hali ketishmagan ekan. Toʻda-toʻda boʻlib olishib, bugungi bosh mavzuni muhokama qilishardi. Qora «Volga» ketib, qoʻtos bir oʻzi qolibdi. Maman qoʻtosning toʻqim-terligini oʻnglab, ayilini tortib, shay qilib qoʻydi. Bu orada Payiz bilan Qorasoch kelib, bir chetda shumshayib turib qoldilar. Ularni koʻrgan el yana «gʻimirlab» qolishdi.
— Balo ekansan, Payiz! — dedi bir yigit.
— Sen, bacha, suyunaver endi. Bizdan kaltak yeyishdan qutulding, — dedi sinfdoshi Sodiq. — Eh, sening oʻrningda men boʻlib qolsam-chi!
— Esh-shak! — dedi Maman Payizga, gʻijinib. — Oʻqib odam boʻlar desa, buning hunarini koʻr... Mana, ushla buni! — Maman unga qoʻtosning jilovini uzatdi. Payiz kutilmagan mushtdan xavfsirab, jilovga qoʻlini choʻzdi.
— Kel, min, — deb Maman Qorasochni qoʻltiqdan olib, qoʻtosga mingiza boshladi.
— Kiyim-kechagimni olsam boʻlardi... — deb ikkilandi qiz.
– Kiyim-kechagingni ortingdan berib yuborishadi, — dedi Maman. — Hoy, Toʻluboy aka, qizingizni qaqir-ququrlarini tanishlar orqali berib yuboring.
— Berib yuboraman, berib yuboraman, — dedi mergan. — Boraver, qizim.
— Joʻna! — dedi Maman Payizga.

Payiz qoʻtosni yetaklab, yoʻlga tushdi.
— Qani, shu ikki yoshga fotiha berib qoʻyaylik, — dedi mergan qoʻlini duoga koʻtarib. — Iloho, qoʻsha qaringlar, etagingiz bolaga, ogʻilingiz molga toʻlsin. Ollohu akbar.
— Ollohu akbar! — dedi hamma, kimdir yurakdan chiqarib, kimdir til uchida.
— Lalaygan shoʻrpeshona, — dedi Maman merganga qarab, — shu bitta qizini ham eplay olmadi.
— Unaqa dema, Maman! — dedi Mergan. — Sal oʻylab gapir. Gunoh, faqat mening qizimdami?
— Gʻunajin koʻzini suzmasa, buqacha ipini uzmaydi.

Hamma kulib yubordi. Ayniqsa, bolalarga xudo berdi.
— Bolalar eshitdinglarmi? — deb qichqirdi Sodiq. — Gʻunajin koʻzini suzmasa, buqacha ipini uzmas ekan. Xoh-xohoho-o! Gʻunajin koʻzini suzmasa...

Maman menga qoʻlini uzatdi:
— Xayr, Oxun!
— Xayr! — dedim men.

Maman nariroq borib, ortiga qayrildi.
— Aytganday, sening xatingni oʻz qoʻlim bilan pochtaga tashladim.
— Qanaqa xat? — dedim hayron boʻlib.
— Payizdan berib yuborgan xatingni-da...
— Ha, endi esimga tushdi...

Maman «mashhur» kelin-kuyovlar ortidan yoʻlga tushdi. Xat... Nimalar deb yozdim ekan? Jin ursin!

* * *

Tor va uzun daryo yoqalab ketgan ilang-bilang yoʻl. Yoʻlning ikki tomonida togʻlar ortimizdan ergashib kelmoqda. Chor taraf pokiza, oppoq qorga burkangan. Qor sahnida begʻubor yanvar quyoshining nurlari jilvalanadi.

Qalin qorda mashinamiz arang oʻrmalaydi. Borliqdagi ulugʻvor oqlikka boqib, xayol daryosiga choʻmgandim. Shofyor Sharipning ikki koʻzi yoʻlda. Esingizdami, meni birinchi marta ovulga olib kelgan bola.

Bir mahal, kuzovdagi bolalarning qiy-chuvi eshitilib qoldi.
— Ana, arxarlar! — dedi Sharip.

Ellik chogʻli arxar qarshimizdan chopib oʻtdi.
— Arxarlar... — dedim men ham, ularning ortidan zavq bilan.
— Eh, hozir miltiq boʻlgandami! — dedi Sharip.

Qorning qalinligidan, arxarlar qiynalib chopishardi. Koʻp oʻtmay, ular qirga oʻrlashdi.

Arxarlardan keyin, koʻpga qadar gap-soʻzga kelmadik. Bir mahal Sharip:
— Ogʻay, sizdan bir narsa soʻrasam boʻladimi? — deb qoldi.
— Nega boʻlmasin?
— Shaharda, Bishkekda sizning sevgan qizingiz bormi?

Men jilmayib, ikkilanib turib:
— Bor, — dedim.
— Chiroylimi?
— Chiroyli.
— Oʻta chiroylimi?
— Oʻta chiroyli.
— Manavi qizchalik bormi? — deb, Sharip oynaga yopishtirilgan chiroyli qizning fotoportretini koʻrsatdi.

E’tibor bermagan ekanman, kabinaning ichi shunaqangi suratlar bilan toʻla ekan. Suratlar har xil jurnallardan qirqib olingan boʻlib, qizlar turli millatdan, bari yosh va goʻzal edi.

Men kulib:
— Yoʻq, mening qizim bundan chiroyli, umuman, bu qizlaringni baridan suluv, — dedim.
— Eh! — dedi Sharip ushkurib. — Siz qanday baxtiyorsiz!

Xiyol oʻtgach, u yana:
— Aytmoqchi, siz manovi qizni taniysizmi? — deb, boyagi suratni koʻrsatdi. — U Bishkekda yashaydi.
— Bu qiznimi? — deb, goʻyo, eslamoqchi boʻldim. — Koʻzimga issiq koʻrinadi... Shoshma-chi... Yoʻq, tanimas ekanman.
— Medinstitutda oʻqiydi. A’lochi. Faqat «beshga» oʻqiydi. Faollardan, har xil toʻgaraklarga qatnashadi. Bekorga jurnalga suratini bosishmaydi-da.
— Sen buni qayoqdan bilasan? Jurnaldan oʻqidingmi?
— Yoʻq. Jurnalda suratgina berilgan. Qolganlarini oʻzi yozib turadi.
— U qiz bilan xat olishib turasanmi?
— Ha. U juda yaxshi qiz.
— Qolganlari-chi? Ular bilan ham xat yozishib turasanmi?
— Yozgandim. Ammo, ular javob qaytarishmadi.
— Ismi nima?
— Oygul. Yaxshi ism-a? Institutni tugatgach, sizlarning Pomiringizga doʻxtir boʻlib boraman, deydi. Men esa, biz tomonlarni havas qila koʻrma, deyman.
— Nega?
— Bu yerga kelib nima qiladi? Bu yerning nimasi yaxshi? Shu togʻlarmi? Bishkekdek katta shaharda yashasa. Eh, yaxshida sizlarning shaharlaringizda, ogʻay...
— Nimasi yaxshi?
— Bari narsa yaxshi. Masalan, u yerda har kuni kinoga, teatrga, tansaga borasan. Yaxshi kiyinasan, karavotda uxlaysan. Ha, u yoqda hayot umuman boʻlakcha.
— Oʻzing, Bishkekda boʻlganmisan?
— Yoʻq.
— Nega bormaysan?
— Boraman. Biratoʻla ketaman. Oygul ham kel deyapti. Faqat, opam koʻnmay turibdi. Tepadan kabinani taqirlatib qolishdi. Sharip mashinani toʻxtatib, boshini chiqarib:
— Nima boʻldi? — deb soʻradi.

Ungacha roʻparamga oltinchi sinfning bir oʻquvchisi kelib:
— Ogʻay, men shu yerda qolaman, — dedi.
— Yetib keldingmi?

Bola boshi bilan «ha» ishorasini qildi. Atrofga qarasam, birorta uy koʻrinmaydi.
— Uying qayerda? Bu yerda hech narsa yoʻq-ku?
— Bularniki narigi jilgʻada, — dedi Sharip. — Huv, anov ikki qoʻtos oʻtlab yurgan yerda. Koʻrdingizmi?
— Yaxshi qol, — dedim bolaga. — Esingda boʻlsin, oʻn ikkinchi yanvarga — mening kelishimga tayyor boʻlib turgin.
— Oʻn ikkinchi kuni shu yerga kelib, mashinani kutib turgin, tushundingmi? — dedi Sharip ham.

Bola ma’qul ishorasini qilib, qoʻtoslar oʻtlab yurgan tomonga ketdi. Men uning yelkasidagi boʻr bilan yozilgan «jinni» degan yozuvni oʻqib, kulib qoʻydim.

Mashina oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

Ilgarilaganimiz sari, qor qalinlay berdi. Bir qiyalikka kelib, mashinamiz umuman yurmay qoldi. Hammamiz yerga tushib, qum, tosh qoʻlga nima ilinsa, shuni gʻildiraklar tagiga tashlab oʻtirib, arang doʻnglikka chiqib oldik-da, yana mashinaga oʻtirdik. Yerda faqat Sodiq qolibdi.
— Sen nega chiqmading? — soʻradim undan.
— Men uyimga kelib qoldim, ogʻay, — dedi Sodiq boshi bilan ishora qilib. Men Sodiq ishora qilgan tomonga qarab, olisda, jilgʻaning quymasidagi uch oʻtovni koʻrdim. Oʻtovning oldida, boylovdagi ot va bir necha qoʻy koʻrindi.
— Yaxshi, boraver, — dedim.

Keyin etigimning qorini qoqib, kabinaga kirdim.
— Ogʻay, biznikiga borib, choy ichib keting, — dedi Sodiq.
— Rahmat. Boshqa safar.

Biz joʻnab, Sodiq joyida qoldi. Kuzovdagi oʻrtoqlari bilan qoʻl silkib, xayrlashdi-da, oʻtovlar tomon ketdi. Kabina oynasidan uning qalin qorda mashaqqat bilan ketishini kuzatib borardim. Kutilmaganda, oʻtovlarning biridan ayol kishi chiqib, bolaga qarab yurdi. Ayol qorning qalinligiga qaramasdan, deyarli, yugurib kelardi.
— Sodiqning onasi, — dedi Sharip.

Men ham shunday fikrda edim. Biz yiroqlashgan sari, ona-bola bir-biriga yaqinlashardi. Bora-bora, ularning qorasi kichrayib, oppoq, biyday dalada, ikkita toʻp bir-biriga qarab yumalab kelayotganga oʻxshardi. Koʻp oʻtmay, dalaning oʻrtasida ikki toʻp birlashib, yagona toʻpga aylandi. Ayni damda, mashina keskin burilib, yagona toʻp ham koʻzdan gʻoyib boʻldi...

Qosh qorayganda bir doʻnglikka chiqdik. Poyimizda keng vodiy yastanib yotardi. Vodiydagi doʻngliklar va vodiyni oʻrab turgan togʻlarning choʻqqilarigina koʻzga koʻrinadi. Osmonda unda-bunda yulduzlar miltillab, togʻ ortidan oyning shu’lasi moʻralay boshladi.

Yoʻl butunlay qorga singib, mashina arang jila boshladi.
— Bu qargʻish tekkan vodiyga qor hamisha qalin tushadi, — dedi Sharip.

Nihoyat, mashinamiz qorga butunlay tiqilib qoldi. Sharip qayta-qayta gaz berib, hech narsa qila olmay, soʻkinardi.

U kabinadan tushib, mashinani bir aylanib chiqib:
— Ogʻay, mashina bundan nari bora olmaydi, — dedi.
— Endi nima qilamiz?
— Yayov ketamiz. Choʻponning oʻtovigacha uch-toʻrt kilometrcha qoldi.

Men kabinadan tushib, kuzovning ortiga oʻtdim. Kuzovda birgina Qoʻychumon qolgandi.
— Qoʻychumon! Abdusamatov!

Qoʻychumondan javob boʻlmadi.

Sharip motorni oʻchirib, kuzovga chiqdi.
— Hoy bola, tirikmisan?
— A-a, ha, — degan Qoʻychumonning ovozi keldi.
— Tush yerga, bu yogʻiga piyoda ketamiz.

Qoʻychumon yerga tushdi, Sharip kuzovdan eski toʻshak olib, motorni oʻrab-chirmadi.
— Qanday, sovqotmadingmi? — soʻradim Qoʻychumondan.
— Yoʻq, ogʻay pichanga koʻmilib oldim.

Oy togʻdan koʻtarilib, uning sovuq nurlari oʻru-qirga birdek toʻshalgandi. Sharip oldinda, yoʻlga tushdik.

Jimgina ketib borardik, toʻsatdan Qoʻychumon:
— Qaranglar, boʻri! — deb qoldi.

Qarasak, nariroqda bir narsa ketayotibdi.
— Bu boʻri emas, bolakay, tulki, — dedi Sharip.

Keyin tulkiga qarab qichqirib, hushtak chaldi. Tulki xiyla yergacha beparvo yoʻrtib borgach, toʻxtab, bizga qarab turib qoldi.

* * *

Biz yetib kelgan manzil katta doʻnglikning tagida ekan. Oy nurida toʻdalashgan qoʻy va qoʻtoslar hamda toʻrt-besh oʻtovning qorasi koʻrindi. Mezbonlar hali yotishmagan ekan, oʻtovlarning tundugidan[5] uchqun sachrab, tutuni koʻkka oʻrlaydi. Bizni vovullashib itlar qarshi oldi.
— Sizlarniki qaysi? — deb soʻradim Qoʻychumondan.
— Mana, bu chetdagisi, — deb boladan burun javob berdi Sharip.
— Yoʻq, — dedi Qoʻychumon. — Uyimiz manovi yerdaydi. Endi yoʻq-ku, — deb, doirasimon oʻtov oʻrnini koʻrsatdi.

Shu payt chetki oʻtovdan past boʻyli kishi chiqib:
— Kimsizlar? — dedi.
— Bizmiz, pochcha, — dedi Sharip. Keyin menga tushuntira ketdi. — Bu ferma mudiri tugʻishgan opamning kuyovi.
— E-e, bu Oxun ogʻay-ku? — dedi ferma mudiri ovozimdan tanib. — Qanday shamol uchurdi?
— Ta’tilga chiqdik, — dedim, uning issiq qoʻlini olib. — Oʻquvchilarni ota-onalariga topshirib yuribmiz.
— Shunday sovuqda sizga nima? — dedi u. — Bolalar oʻzlari ham eplashardi. Iya, bu senmi, Qoʻychumon? Kecha senikilarni Belga koʻchirib keldim. Qoʻzilatish boshlanib, odam yetishmay qoldi. Endi sen u yerga yeta olmaysan, mashina borolmaydi, ot-ulov yoʻq. Hechqisi yoʻq, sen ta’tilni biznikida oʻtkazib, qaytib ketaverasan. Qani, uyga kiringlar.

Men etigimning qorini tozalab, xiyol engashib ichkariga kirdim.

Uyda oʻttiz yoshlardagi istarasi issiq, moʻmingina ayol toʻshak solish bilan ovora.
— Hormang, — dedim, yengil ta’zim bilan.
— Bor boʻling, — dedi ayol, bilakuzuklar toʻla ikki qoʻlini koʻksiga qoʻyib, tabassum bilan. — Keling. Toʻrga oʻting.

Men oyogʻimga qaradim.
— Hechqisi yoʻq, oʻtavering, — dedi u.

Men toʻrga oʻtib oʻtirdim. Yonimdan Sharip joy oldi. U oyoqlarini uzatib, taxmonga yoʻlandi. Keyin Qoʻychumon kirdi.
— Hormang, — dedi u, kattalardek.
— Bor boʻl, aylanay, — dedi ayol, uning peshonasidan oʻpib. — Yuqoriga oʻt.
— Qani, Omin! — dedi mezbon qoʻlini ochib.

Hammamiz fotiha qildik.
— Xush kelibsizlar, — dedi uy bekasi.
— Xushvaqt boʻling, — dedim men.

Keyin ayol eshikka chiqib ketdi.

Men uy ichiga koʻz yugurtdim. Oʻtovning ichiPomirdagi hamma oʻtovlardagidek bir xil. Toʻrda taxmon, qibla tomonda usti kashtali sochiq bilan yopilgan sandiq, sandiqning ustida kosa, piyolalar, tranzistor, soat va chiroq joylashgan. Eshikdan kiraverishdagi kichkina toʻsma ichida oʻn chogʻli qoʻzi, qoʻzilarning oldida bir tutam xashak.
— Xoʻsh, men aytgan narsa nima boʻldi? — deb soʻradi mezbon Sharipdan.
— Men tuman matbuot jamiyatiga bordim, hozircha bittasiyam sotilmabdi.
— Ogʻzingga shakar!
— Ammo, talabgor koʻp ekan, Qorakoʻlning raisi, Rangkoʻldagi magazin mudiri, Murgʻobdagi choyxonachi... Biroq, mutasaddilar, avvalo, ilgʻor choʻponlarga, qahramon onalarga, deputatlarga sotamiz, oʻshalardan ortsagina, boshqalarga sotiladi, deyayotgan emish.
— E, Xudo, — dedi ferma mudiri kaftlarini bir-biriga ishqab. — Menga ham rahmingiz kelib: Meni ham bir qoʻllab yuborsangiz... Ogʻay, siz gap nimadaligini sezdingizmi?
— Qaydam...
— Ish bunday, — dedi Berdi. — Tumanimizga beshta «Ural» motosikli kelgan. Shularning bittasini sotib olmoqchiman. Lekin, hozir eshitganingizdek, bizga oʻxshaganlarga sotishmayapti. Shuning uchun, men bir hiyla oʻylab qoʻydim.

Xoʻjaligimizda Oʻsmon degan choʻpon bor. Uning xotini shu oyda oʻninchi bolasiga koʻzi yoriydi, ya’ni qahramon ona boʻladi. Men shu xotinning nomiga olmoqchiman. Tushundingizmi?
— Tushunarli...

Eshikdan tezak koʻtarib kirgan xotini:
— Sizni Qoliq buva chaqiryapti, — dedi eriga.
— Boyvuchcha, Oʻsmonning bolalariga choy, qand deganday, u-bu narsalar tayyorlab qoʻy-chi, ertaga bir xabar olib kelay, — dedi Berdi, xotinining soʻzlariga e’tibor bermay.
— Voy, oʻlay, kechagina borib kelgan edingiz-ku, — dedi xotini norozi ohangda.
— Borsam nima qilibdi? — dedi eri, qoʻpolroq qilib. — Buyam koʻzogʻriqday narsa, xohlagan paytda tugʻib qoʻyishi mumkin. Toʻgʻrimi, ogʻay?

Men indamadim.

Ferma mudiri oʻrnidan turib, eshikka yoʻnaldi.

* * *

Men tashqariga chiqqanimda, Quyoshning zarrin nurlari oppoq qorda gʻujgʻon oʻynardi. Qoʻy-qoʻzilar ma’rab, xotin-xalaj baqirib-chaqirgan palla.

Uyning yonida otni egarlayotgan Berdi, yoʻl tomonga qarab:
— Ho-oy, Qoʻychumon! Qayt, orqangga! — deb qichqirdi. — Qarang, ogʻay, anovi bola uyiga joʻnavordi.

Qoʻychumon qalin qordagi yolgʻizoyoq yoʻlda ohista ketib borardi.
— Buni qaysarligini koʻringlar! — dedi qoʻylar orasida qoʻzi emizib yurgan bir ayol.
— Otasiga tortgan-da, — dedi ikkinchisi.
— Ho-o-oy, bola! — deb yana qichqirdi Berdi. — U Belga bugun yeta olmaysan!

Bola qaytmadi. Mening esa bunga koʻnglim chidamasdi.
— Otingizni berib turmaysizmi, shu bolani ota-onasiga topshirib kelayin, — dedim Berdiga.

Ferma mudiri menga hayron qolib tikildi.
— Jonim bilan berar edim-u, — dedi u, hijolat aralash. — Lekin, haligi koʻp bolali ayolga borishim kerak. Boshqa ishlar ham keragidan ortiqcha, oʻzingiz bilasiz, hozir qoʻzilatish mavsumi... Ulovsiz esa, uydan eshikka chiqish ham qiyin.

Men boshqa hech narsa demay, Qoʻychumonning ortidan joʻnadim.

Hamma ortimdan hayrat bilan qarab qoldi.

Oʻsha kuni oʻquvchim ikkimiz kechgacha yoʻl yurdik. Tushgacha havo ochiq boʻlib, yoʻl azobi uncha sezilmagandi. Tush ogʻib, horib-charchagan paytimizda, osmonni bulut qoplab, sovuq shamol esib, ona sutimiz ogʻzimizga keldi. Kechga yaqin oʻta qalin tuman tushib, yoʻldan adashib qoldik. Meni vahima bosa boshladi. Lekin, buni yosh bolaga sezdirmasligim kerak. Baraka topgur Qoʻychumon, haqiqiy Pomirning bolasi ekan. Qorni och boʻlsa ham, sir boy bermaydi. Meni bosgan vahima — qahraton qish tunida, kimsasiz dalada adashib qolib ketish qoʻrqinchi uning chehrasidan bilinmasdi. Aksincha, bolaning bu fazilati menga kuch-quvvat baxsh etardi.

Goh tepaga chiqib, goh pastga tushib, ilgarilamoqdamiz. Yoʻl boshlovchi — Qoʻychumon.
— Hoy, bola, qayoqqa ketayotganimizni bilasanmi, oʻzi? — soʻradim, jahlim chiqib.
— Menimcha, toʻgʻri ketayapmiz, ogʻay, — dedi Qoʻychumon. Buni meni ovutish uchun aytdimi, yo, oʻzini oqlash uchunmi, bilolmadim.
— Toʻgʻri ketayotganimizni sen qayoqdan bilasan, toʻrt odim naridagi tuya koʻrinmasa?
— Ogʻay, uy! — deb qichqirdi Qoʻychumon, menga javob berish oʻrniga.

Qarasam, rostdan ham, shundoq, qarshimizda oʻtov turibdi. Suyunganimdan nafasim boʻgʻzimga tiqildi. Darrov uyning eshigini topib, ichkariga moʻraladim. Koʻzimga yigirma chogʻli qoʻzi va usti yopiq ikki beshik koʻrindi. Hech kimsa yoʻq. Men Qoʻychumonga savol nazari bilan qaradim.
— Yana boshqa uy boʻlishi kerak, — dedi Qoʻychumon.

Ikki yogʻimizga alanglab, nari yurdik.
— Hech kim yoʻq, — dedim men.

Shu payt tuman ichidan:
— Kimsizlar? — degan ayol kishining ovozi keldi.

Qarasam, yon tomonimizda oltmishlarga borib qolgan, novcha, oriq ayol turibdi. Ayol gʻamgin koʻrinardi. U, negadir, chilvir sudrab olgan boʻlib, chilvirning ikkinchi uchi koʻrinmas edi.
— Men oʻqituvchiman, — dedim. — Bu bola mening oʻquvchim. Biz Belga ketayapmiz.
— Belga bugun yeta olmaysizlar, — dedi ayol. — Yuringlar.

Biz unga ergashdik.
— Bu yerda shu bittagina uy bormi? — soʻradim ayoldan.
— Nega bitta boʻlar ekan? Oʻnta, — dedi u. Ayol hamon chilvirni sudrab borardi.

Koʻp oʻtmay, ikkinchi uyga duch keldik. Ayol oʻtovning eshigini koʻtarib, ichkariga moʻraladi. Men ham uning yelkasi osha ichkariga qarab, toʻrda oʻtirishgan uch-toʻrt yoshlardagi ikki qizchani koʻrdim. Qizlar koʻkraklarigacha toʻshakka oʻralib olishgan edi.
— Patma opa, opam qachon keladi? — deb soʻradi bittasi, yigʻlamsiragan ovozda.
— Hozir keladi, — dedi-da, ayol eshikni yopib qoʻydi.

Yana nari yurdik. Galdagi uyda yetti yoshlardagi qizcha beshik tebratib oʻtiribdi.
— Uxlagani yoʻqmi? — deb soʻradi undan haligi ayol.

Qizcha boshini chayqadi. Patma opa eshikni yopdi.
— Bu qizlarning ota-onalari qayerda?
— Qoʻy izlab yurishibdi. Bugun tunda qoʻylarimiz qoʻradan chiqib ketibdi.

Navbatdagi oʻtovni Patma opa tezda topa olmadi. Nari bordi, beri keldi. Toʻxtab, uyoq-bu yoqqa quloq solib koʻrdi. Boʻlmagach, ovoz berdi:
— Berdi! Ho, Berdi!

Tuman ichidan yosh bolaning:
— Ha-a! — degan uni eshitildi.
— Oʻtiraver. Uydan chiqmagin!
— Patma opa, pechkaga oʻt yoqib olaymi? — deb soʻradi bola.
— Joʻn oʻtirgin! Oʻtin yoʻq, — dedi opa.

Bola yana nimadir deganday boʻldi, lekin, ayol unga quloq solmadi. Endi ayol qoʻlidagi arqonni turmaklab, qisqargan sari, arqonga ergashib keta boshladi. Gap nimada ekanligiga fahmi yetgan Qoʻychumon, ayolning oldiga tushib, ipni «quvlab», tumanga singib ketdi.

Arqon obdon uzun boʻlib, oxiriga yetgunimizcha, ikki yuz metrday yoʻl bosdik. Ikkinchi uchi bir oʻtovning eshigiga bogʻlab qoʻyilgan ekan. Ayol oʻtovning eshigini koʻtarib:
— Qani, kir! — dedi menga.

Men ichkari kirdim. Qoʻychumon allaqachon pechkaning oldidan joy olgandi. Oʻtov ichida uch beshik, bir nechta qoʻzilar ham bor ekan.
— Toʻrga oʻt, — dedi ayol menga. Keyin pechkaga qapishib oʻtirgan Qoʻychumonga: — Sen ham yuqoriga oʻt. E-e, oʻt yoʻq, pechkaga yopishganing bilan! Kechadan beri oʻt yoqilmagan. Oʻtin tugab qoldi.

Ayol arqonni yerga tashlab, pechkaning eshigini ochdi. Pechka ichida, boʻlgani, bir tutam quvray, quvrayning tagida gazeta parchasi bor ekan. Ayol bizga bir qur qarab qoʻydi. Sovuqdan yuzlarimiz koʻkarib, lablarimiz gezarib ketgandi.

Ayol bir ushkurib, choʻntagidan gugurt olib, pechkadagi gazetaga oʻt qoʻydi...

* * *

Men itning vovillashidan uygʻonib ketdim. Oʻtov ichi xiyla ilib qolibdi. Chiroq yonib turibdi. Qoʻychumon uxlab yotibdi. Beshikdagi buvaklar ham uyquda. Tundagi ayol esa koʻrinmaydi. Toʻsatdan poygohda uyulib yotgan tanish arqon ilondek eshilib tashqariga «oʻrmalay» boshladi.

Oʻrnimdan turib, tashqariga chiqdim. Qorongʻi tushib qolibdi. (Demak, biz, deyarli, bir sutka uxlabmiz.) Hamon quyuq tuman. Qor sevalab turibdi.

Ostonada birpas turgach, yerda bilanglab borayotgan arqonni qoʻlimga olib unga ergashdim. Koʻp oʻtmay, arqon meni tundagi ayolni oldiga olib keldi. Arqonning adogʻi uning belida ekan. Ayolning qoʻlida uzun mash’ala. Doʻngda turib olib, olisda kimgadir, mash’ala bilan, nimanidir ishora qilardi...

Mana, odatda suruvning rahnamosi — serkaning boʻynida boʻladigan qoʻngʻiroqning nozik «jiring-jiringi», qoʻylarning ma’raganiyu odamlarning gangir-gungir soʻzlari, quloqqa chalinib mash’alalar oqimi biz tomon kela boshladi. Koʻp oʻtmay, ayol ikkimiz qoʻylarning oʻrtasida qoldik. Mash’alalar yogʻdusida, kishilarning qorasi koʻrinib, gap-soʻzlari oydinlasha boshladi.
— Biznikiga kirib, isinib olinglar! — dedi ayol ularga.

Oʻzi ularning oldiga tushib, uyiga qarab yurdi. Uning ortidan mash’alalar ergashdi. Oʻtovga yetishgach, hamma mash’alalarini yerga tashlab, oʻzlari ichkariga oshiqdi. Faqat ikki-uchta mash’ala qoʻylarning ustida nari-beri borib kelardi.

Men anchagacha qor ustida uyilib yotgan mash’alalarga qarab turib, sovuq yegach, ichkariga kirdim.

Oʻtovning ichi tirband. Oʻtirgani joy yoʻq, boʻsagʻada turib qoldim. Meni hech kim sezmadi ham. Hamma sukutda, boshlari xam. Koʻrinishlari ayanchli, horib-charchab sillasi qurigan, sovuqda qotishgan. Olaquroq jafokashlar: Qarisi bor, yoshi bor, erkagi bor, ayoli bor... Kutilmaganda, ularning orasida eski tanishlarim — Payiz, Qorasoch va Mamanni koʻrib suyunib ketdim. Barchasi aftodahol. Jafokashlarim...
— Voy, oʻlmasam, mehmon boʻsagʻada turib qolibdi! — dedi, pechkadagi oʻt bilan ovora boʻlgan Patma opa, meni payqab qolib. — Qani, mehmonga joy beringlar!

Hammasi endi e’tibor berishdi.
— Oxun! — deb xitob qildi, mening deputatim.
— Ogʻay, toʻrga oʻting, — deyishdi Payiz bilan Qorasoch. Oʻtirganlar yoʻl berishdi. Men deputatning yoniga borib oʻtirdim.
— Yoʻl boʻlsin?! — dedi Maman. — Nima qilib yuribsan, bu yoqlarda.
— Ta’til boshlandi, oʻquvchilarni uylariga topshirib yuribman, — dedim, dunyodan bexabar uxlab yotgan Qoʻychumonni koʻrsatib.
— Ha-a, Abdusamat cholning oʻgʻli bu, — dedi deputat bolani tanib.
— Muning ota-onasi hozir Belda, — dedi Payiz. — Bu ahvolda Belga yetib bora olmaysizlar, ogʻay.
— Nega?
— Belgacha bir dovon bor. Hozir dovondan oshmoqning iloji yoʻq.
— Hechqisi yoʻq, — dedi Maman. — Ta’tilni biznikida oʻtkazib, keyin ketaverasizlar. Kelganing ulugʻ ish boʻlibdi, Oyi! — Deputat Patma opaga murojaat qildi. — Qozoningni osib yubor-chi?! — Otasi soqol-moʻylovi oppoq, daroz chol boʻlib, tasbeh oʻgirib oʻtirardi. – Bu yigit Bishkekdan kelgan oʻqituvchi. Men olib kelganman.

Otasi menga qarab, boshini arang qimirlatib qoʻydi.

Deputat belidagi katta pichogʻini olib, etigining qoʻnjisidan qayroq chiqarib, pichoqni qayray boshladi. Hozirgina shalpayib oʻtirgan Mamandan asar ham qolmagan edi.
— Xoʻ-oʻsh, turmush-tirikchiliging qanday?! — soʻradi Maman.
— Rahmat, yomon emas, — dedim, shuncha odam turib, faqat men suhbat mavzui boʻlayotganimdan andak hijolatda.
— Hech kim xafa qilayotgani yoʻqmi? Unaqasi boʻlsa menga aytib qoʻy, oʻzim gaplashib qoʻyaman. Pomirda men bilan hammasi hisoblashadi...

Shu chogʻ mehmonlar chiqib keta boshlashdi.
— Hay, hay! Bu nimasi?! Men qoʻy soʻygani turibman, ogʻiz tegib ketinglar.
— Rahmat, Maman, uylarimizga boraylik-chi, — dedi bittasi. — Bola-chaqalar qay ahvolda...
— Mayli, lekin, goʻsht pishganda chaqirtiraman, kelinglar.
— Xoʻp, ogʻay, yaxshi tush koʻrib yoting. Ertalab biznikidan ham choy ichib keting, — dedi Payiz.
— Yana, shunday ketavermang, — kuyovini quvvatladi Qorasoch.
— Sizlar qayoqqa? — dedi Maman ularga. — Yo, sizlarning ham yigʻlaydigan bolalaringiz bormi? Qolib, dastyorlik qilib turinglar. Qorasoch, sen yangangga qarashib yubor. Hoy, tur endi, beshigingni oʻmrovlab oʻtira bermay! — dedi u, bolasini emizayotgan xotiniga. — Payiz, men bilan yur.

Ikkovlon chiqib ketishdi. Patma opa pechkaga qozon osib, olovni koʻtardi. Mamanning xotini xamirga unnay boshladi. Qorasoch ikki paqirni olib tashqariga joʻnadi. Xonada, soʻppayib, mudrab oʻtirgan cholu men qoldik.

Bir ozdan soʻng, Qorasoch ikki paqir qor olib kirib, qozonni qorga toʻldirdi.

* * *

Tun yarmida meni kimdir turtkilab, uygʻota boshladi:
— Hoy, tur, tur...

Koʻzimni ochsam, qarshimda Maman turibdi.
— Ha, nima boʻldi?
— Tis-is-s! — dedi u, barmogʻini labiga bosib. — Sekinroq gapir, chol uygʻonib ketmasin. Tur...

Men oʻrnimdan turdim. Uydagilarning koʻpchiligi uyquda ekan. Oʻng tomonimda chol bilan kampir. Chap tomonimda — Qoʻychumon. Uning nariyogʻida Mamanning xotini beshigini quchoqlaganicha mudrardi.
— Nega uygʻotding? — ohista soʻradim, hech narsaga tushunmay.
— Aroq ichamiz, — dedi Maman.
— Topgan vaqtini qara-yu... — dedim-da, qayta yotmoqchi boʻlsam, Maman kiftimdan ushlab qoldi.
— Qoʻy, yotma. Men seni bir mehmon qilayin deb tursam...
— Ertaga icharmiz...
— Ertaga boboy ichirmaydi.

Noiloj, egnimga choponimni yelvagay tashlab, koʻrpaning ustiga oʻtirdim.
— Qani, haligi aroqni ber-chi, — dedi xotiniga.

Xotini turmoqchi boʻluvdi, bolasi yigʻlab qoldi.
— Oʻzingiz ola qoling, — dedi eriga.
— Qayerga yashirgansan?
— Junning ichida.

Maman asta otasi bilan onasining ustidan hatlab oʻtib, qopdagi junning ichidan bir shisha aroq olib keldi.
— Koʻpdan beri asrab yurgandim, senga nasib qilgan ekan, — dedi jilmayib.

U pechkaning oldiga dasturxon yozib, goʻsht toʻgʻradi. Keyin ikkita piyolaga limmo-lim aroq quydi-da, bittasini menga uzatdi.
— Qani, omonchilik uchun!
— Buncha koʻp quymasang?
— Qoʻyaver. Qani oldik!

Ikkalamiz baravariga koʻtardik. Mening nafasim qaytdi. Mamanni jin ham urmadi.
— Isitmasi tushgani yoʻqmi? — deb soʻradi xotinidan, goʻshtdan gazak qilar ekan.
— Tushmayapti, — dedi xotini.
— Issiqroq oʻra, ertalabgacha pasayib qolar... Endi, sen oʻtira tur, bacha, men bir qoʻylarimni koʻzdan kechirib kelay.

U poygoh tomonda ilinib turgan fonusni olib, chiqib ketdi.

Ohista beshik tebratib, nimuyquda oʻtirgan ayolning oldida yolgʻiz qoldim.

Bir piyola aroq meni tez sarxush qilib qoʻydi. Koʻnglim suhbatdosh qoʻmsab qoldi. Mamandan esa darak yoʻq. Kuta-kuta, kira bermagach, chala-chulpa kiyinib, tashqariga chiqdim. Chiqdim-u, sanjob boʻlib turgan qoʻylarga munkib ketdim. Qoʻylarning ustida u yon-bu yonga chayqalib yurgan fonus koʻrindi.

Men qoʻylarni yorib, urunib-surunib, Mamanning yoniga bordim. Shu payt Maman, hozirgina tugʻilgan qoʻzichoqni topib olib, uni shilta-shalabbosidan tozalay boshladi. Men uning yonida xiylagacha inmaday turdim. Keyin:
— Hoy, Maman, nega, shu qargʻish tekkan Pomirni tashlab, boshqa yoqqa koʻchib ketmaysizlar? — dedim.

Deputat ishdan toʻxtab, menga angrayib qarab qoldi.
— Pomirni tashlab? Nega endi, Pomirni tashlab?...
— B-b... Bir yaxshiroq, muqim yashaydigan uy-joy qurib, ekin-tikin ekib, bogʻ-rogʻ qiladigan yerga borib oʻtroqlamaysizlarmi?

Deputat ilgari bunaqa gapni sira eshitmagan boʻlsa kerak, hamon menga angrayib qarab turardi. Nihoyat:
— Qiziq gap boʻldi-yu, nima, sening-cha, bizning turmushimiz yomon ekanmi?
— Bunaqa yashashning nimasi yaxshi? Yil oʻn ikki oy oʻtovda...
— Nima, senga oʻtovdagisi yoqmaydimi? Tavba-a... — Deputat qoʻzini emiza boshladi. — Oʻtovdan hazar qilgan qirgʻizni birinchi marta koʻrishim?
— Men ham... — dedim. Goʻyo, gapimni birov boʻlib qoʻyadigandek, shoshib soʻzlaganimdan, nafasim yetmay qolardi. — Men ham oʻtovini maqtamagan birorta qirgʻizni koʻrganimcha yoʻq. Qirgʻiz hamisha oʻtovini maqtaydi, oʻtovi bilan faxrlanadi. Hamisha. Asrlar davomida shunday. Boshqa xalqlar uylarini yogʻochdan, toshdan, marmardan qurishadi. Qirgʻizlar esa, alimsoqda oʻtov deganni kashf etishgan ekan, shundan buyon unga mehr qoʻyib, medasiga tegmabdi...

Maman: — Ovsar, — dedi, hazin jilmayib.
— Ayt-chi, — deb, davom etdim, — Sizlarni bu yerlarning nimasi ushlab turibdi?!

Maman kiftini uchirib qoʻydi.
— Bilmadim... Lekin, nega bu yerlarni tashlab ketishimiz kerak ekanligini oʻzim ham bilmayman...

Birpasdan keyin Maman qoʻzichoqni qoʻltiqlab oʻrnidan turdi. — Yur, endi uyga kiraylik.

Men tarvuzim qoʻltigʻimdan tushib, unga ergashdim...

* * *

Biz, Qoʻychumon ikkalamiz, oldindan bashorat qilinganidek, Belga yeta olmadik. Keyingi kuni ertalab, Maman bizni bir tuyaga mingashtirib, ortimizga qarab haydadi. Biroq, tuyaning kafolati Berdining oʻtovida tugar edi. Mamanning koʻrsatmasiga binoan, ferma mudiri bizga boshqa ulov topib berib, tuyani ortiga qaytarishi kerak. Chunki, tuya — Mamanning ovulidagi roʻzgʻorining yagona dastyori edi. Aksiga olib, ferma mudiri uyida yoʻq ekan, u — bugun ham, hoʻv oʻsha, koʻp bolali ayolning koʻz yorishini poylab ketgan ekan.

Shunday qilib, tuyani Berdining qoʻrasiga tashlab, nari yogʻiga yayov ketdik.

...Qishloqqa kun botganda kirib keldik. Koʻcha-koʻyda birorta zogʻ koʻrinmaydi. Qoʻychumonni yotogʻiga tashlab, uyimga qarab ketdim.

Uyimda meni ajoyib bir yangilik kutib turgan ekan: uyning eshigi ochiq, tokchadagi chiroq yonib turibdi. Pechkada olov gurillab, ustida choy qaynamoqda. Uy ichi yogʻ tushsa yalagudek. Ashqol-dashqollarim batartib — joy-joyida. Eng qizigʻi — mening gʻarib jomadonim yonida oxori toʻkilmagan yana bitta jomadon paydo boʻlib qolibdi. Hayratdan lol boʻlib qolgandim. Bir zumda ming bir koʻchaga kirib chiqdim, baribir, yangi jomadonning ta’birini topmadim. Kutilmaganda ilmiy mudirning kirib kelishi, meni boshi berk koʻchadan olib chiqdi:
— Hayron boʻlib turibsizmi? — dedi Mamit aka, kulimsirab.
— Nimasini aytasiz...
— Sizni yoʻqlab Bishkekdan bir qiz keldi.
— Oysha! — deb qichqirib yubordim. — Qayoqqa ketdi oʻzi?
— Hozirgina magazin tomonga ketayotuvdi.

Men boshqa soʻzga kelmay, uydan uchib chiqib, magazinga qarab chopdim. Oʻrda oʻynaladigan maydonga yetganimda, birovning qorasi koʻrindi. Qarasam, Oysha ekan. Quchogʻi toʻla qogʻozga oʻralgan u-bu narsalar. He yoʻq-be yoʻq, belidan olib koʻtardim-da, chirpirak qilib aylantira boshladim.
— Oxun! — deb qichqirdi Oysha, quvonch bilan. — Toʻxtab tur, jinni, hammasini sochib yubording!

Rostdan ham, quchogʻidagi narsalar yerda sochilib yotardi.
— Oydinim, — dedim, uni yerga qoʻyib, manglayidan oʻpib, — Oydinim!

Oysha ham meni bir oʻpib oldi-da, yerda sochilib yotgan choy, qand, pechene va konservalarni tera ketdi. Men ham unga yordamlasha boshladim. Ayni damda meni faqat sevinch hissi qamrab olgan edi. Oysha bu yerga nega keldi, endi bu yogʻiga ikkalamiz nima qilamiz, bu haqda oʻylash xayolimga ham kelmasdi. Qalbimda faqat sevinch hokim. Pomirga kelganimdan beri yolgʻizlik, qalbimga yaqin kimsaga boʻlgan intizorlik meni ezib kelayotganini endi aniq his etdim.
— Uyat ish boʻldi-da, anov kishilar qarab turishibdi, — dedi Oysha.

Qarasam, magazinning yorugʻ ayvonida direktor, magazinchi va mergan uchalasi bizni jimgina tomosha qilib turishardi.

Men atay, ularga basma-basiga Oyshani yana bir bor oʻpib qoʻydim.

OYDINIM!..


  1. Tutak – baland joylarda havo yetishmasligi kasali.
  2. Ogʻay – muallim, oʻqituvchi degani.
  3. Oʻrda – oshiq otib oʻynaladigan milliy oʻyin.
  4. Izoh – muallif yuqorida qoloq oʻquvchi vositasida, Lermontovning «Yelkan» she’rining satrlariga Pushkinning «Sibir konlarining tagida» satrini tirkab, qoyilmaqom yumor yaratgan edi. (Tarj.)
  5. Tunduk – oʻtov shiftidagi doirasimon tuynuk.