OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Mustafo Manfalutiy. Yetim (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMustafo Manfalutiy
Asar nomiYetim (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Misr adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Mustafo Manfalutiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonFahriddin Muhammadiyev (Rus tilidan)
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yetim (hikoya)
Mustafo Manfalutiy

Qoʻshni uyning eng yuqori xonasiga yaqindan beri oʻn toʻqqiz-yigirma yoshlardagi bir yigitcha kelib yashay boshladi. Men uni bironta oliy yoki oʻrta-maxsus bilim dargohida oʻqisa kerak, deb oʻylagandim. Odatda men yangi qoʻshnimni uning xonasi roʻparasidagi oʻz xonamdan koʻrib turar edim. U ozgʻingina, rangi soʻlgʻin, negadir xafa koʻrinardi. Doim xona burchagida chiroq yorugʻida oʻtirardi. Goh qandaydir kitobni oʻqir, gohida esa, daftarga nimalarnidir yozayotgan yoki nimanidir yod olayotgan boʻlardi.

Men sovuq qish kechalarining birida uyga qaytib kelib uni koʻrmagunimcha, unga e’tibor bermagan ekanman. Nima uchundir xonamga kirdimu, nogoh unga koʻzim tushdi. Yigitcha oʻz oʻrnida – chiroq yonida oʻtirar, boshini ochiq turgan daftarga qoʻyib olgandi, «Qiyin darslar va uyqusiz tunlar uni charchatgan boʻlsa kerak», oʻyladim men. Uning koʻzlaridagi uyquni sezganim bois, fikran uni oʻz joyiga borib yotishiga undadim va u boshini koʻtarmaguncha joyimdan jilmadim. Shundagina uning koʻzlari yoshga toʻla hamda shu koʻz yoshlari daftar sahifasiga tomganini koʻrdim. Siyoh koʻz yoshlaridan boʻyalib, oʻqib boʻlmaydigan holatga kelgan edi. Ozdan keyin yigitcha oʻziga keldi, qalamini olib, ishini davom ettirdi. Bu qorongʻu kechada faqir, baxtsiz yosh yigitchani yolgʻiz, boʻm-boʻsh sovuq xonada, olovsiz, issiq kiyimsiz koʻrish meni oʻylantirib qoʻydi. Uni hayot quvonch va tashvishlari oʻz domiga olgan, taqdir zarbalari zor qaqshatgan, ammo u na taskin topa olgan edi, na suyanch. Bu horgʻin, gʻayratsiz siymo ortida toza, azoblanayotgan qalb borligiga va bu ruhiy azoblardan jismi qovjirab, kundan-kun zaiflashib borayotganiga ishonchim komil edi. To yigitcha daftarini yopib, oʻrnidan turib, uxlashga ketmaguncha men joyimda turaverdim. Bu vaqtda allaqachon tun zulmati chekingan, undan yer yuzida asar ham qolmagan edi, tunning oxirgi daqiqalarini ham tong shafagʻi egallay boshlagan edi.

Shundan soʻng koʻpgina tunlar men qoʻshnim yigʻlayotganini yoki boshini quyi solib oʻtirganini, yana oʻz joyida yotib olib, xuddi yaxshi koʻrgan kishisini yoʻqotib qoʻygan ayolga oʻxshab, ingrayotganini kuzatdim. Gohida u xonaning u yogʻidan-bu yogʻiga tinmasdan yurar, oxiri madori qurib, kursiga oʻtirib qolar edi.

Uning gʻamiga sherik boʻlgancha men ham ahyon-ahyonda koʻz yoshi toʻkardim. Agar iloji boʻlsa edi, unga doʻst sifatida oʻzini asrashini va oʻz gʻamiga meni sherik qilishini iltimos qilar edim. Bu qoʻlimdan kelardi ham, ammo yigitchani xijolatga qoʻyishdan va uning qalb tubida yashiringan sirlaridan voqif boʻlishdan qoʻrqardim. Axir oʻz sirlarini yashirib yurish ham insonga xos narsa emasmi!

Oʻtgan kun derazadan qarasam, yigitchaning xonasi tinch va qorongʻu. Men uni biror yoqqa chiqqan boʻlsa kerak, deb oʻyladim. Lekin, shu zahoti zaif, xasta ingrash qulogʻimga chalindi. Bu tovush meni hayajonga soldi va men uni bir baxtiqaroning qalb tubidan chiqayotganini his etdim, oʻz yuragimda ham uning aks etganini sezdim. Oʻzimga oʻzim : «Bu yigitcha kasal, yonida esa unga yordam beradigan hech kim yoʻq», – dedim.

Taqdir meni u bilan bekorga uchrashtirmagandi. Xizmatkorga darhol fonusni keltirishni buyurdim va uydan chiqib qoʻshnimnikiga yoʻl oldim. Uy boʻsagʻasidan hatlab kirishim bilan meni qabr ustida marhumga vidolashuv soʻzlari aytayotgan odamdagi tushkunlik chulgʻab oldi. Kirganimni payqab, yigitcha, xuddi uyqudan yoki mangulikdan oʻziga kelgandek, koʻzlarini ochdi. U oldida xira fonusni va notanish odamni koʻrib, hayratlandi. Bir muddat u jimgina menga tikilib turdi. Men uning karavotiga yaqin borib oʻtirdim va dedim: «Men sizning qoʻshningizman. Sizning ogʻir ingrashingizni eshitib, bu yerda bir oʻzingiz ekanligingizni tushundim. Bu narsa meni hushyor qildi va men keldim. Balki yordamim tegar? Oʻzingizni qanday his qilayapsiz?». Yigitcha qoʻlini koʻtarib, peshonasiga qoʻydi. Men ham uning peshonasiga kaftimni qoʻydim, uning peshonasi yonardi. U qattiq isitmalab yotardi. Soʻng men uning badaniga razm soldim; qarshimda eti borib ustixoniga yopishgan mushtdek jussa yotardi, u kiyimi ichida arang koʻrinardi.

Men xizmatkorimga isitma dorisi olib kelishni buyurdim va uni bemorga ichirdim. U tezda oʻziga keldi. Menga ziyrak nigohlari bilan qarab, minnatdorchilik bildirdi. Men undan: «Ukam, sizni nima bezovta qilayapti?» – deb soʻradim. «Hech narsa», – deb javob berdi. Shunda men uning qachondan buyon bunday yotganini bilmoqchi boʻldim. U buni eslay olmasligini aytdi. «Sizga tabib kerak», – dedim unga. – «Uni bu yerga chaqirsam maylimi?» Yigitcha biroz qaddini koʻtarib, yoshlangan koʻzlari bilan qaragancha siniq ovozda: «Tabib faqat oʻlimdan hayotni afzal koʻradiganlarga yordam qiladi», – dedi. Shundan soʻng u koʻzlarini yumdi va yana hushidan ketdi. Men bemorning xohish-irodasiga qaramasdan tabibni chaqirish lozimligini angladim.

Tabib issiq joyidan qoʻzgʻatib, sovuq tunda qorongʻu koʻchalardan yurishga majbur qilishganidan norozi holda kirib keldi. Lekin, men uning koʻnglidagi gapni bilar edim, shuning uchun hech narsa demadim. Tabib bemorning tomirini ushlab koʻrib, qulogʻimga: «Bemoringiz oʻlim toʻshagida. Agar Olloh aralashmasa, uning umri oz qolibdi, bandasiga ayon boʻlmagani yaratganga ayondir», – dedi. Shundan soʻng tabib oʻtirib, kuni bitgan bemorlar ichadigan dorilardan yozib berdi. Goʻyo bu bilan tabib oʻz hamkasblari – dorishunoslarga qul – bemorlardan hayot soligʻi olib qolishni buyuradi.

Men tabibni rozi qilganimdan keyin u mamnun holda chiqib ketdi. Bemor yigitcha oldida uzun va zulmatli tunni oʻtkazdim. Tong otguncha goh unga dori ichirdim, goh uni oʻylab yigʻladim. Yigitcha oʻziga keldi, u yoq-bu yoqqa qarab menga koʻzi tushdi va soʻradi: «Siz hali ham shu yerdamisiz?». Men: «Ha, – dedim, – sal oʻzingizga kelib qoldingizmi?». «Ha, shunaqaga oʻxshaydi», – dedi u. Men yana soʻradim: «Birodar, malol kelmasa, ayting-chi, bu yerda nima qilasiz? Mehmonmisiz yoki shu yerlikmisiz? Sizni kasallik qiynayaptimi yo boshqa bir sir bormi?». U: «Men har ikkisidan azobdaman», – dedi. «Sizga nima boʻlganini aytib bera olasizmi? – deb unga murojaat qildim. – Xuddi doʻst oʻz doʻstiga koʻnglini ochgan kabi oʻzingizning tashvishlaringizni aytib bera olasizmi? Shunda men sizning tashvishlaringizni xuddi oʻzingiz hal qilgandek hal qilib berardim». Bemor menga savol bilan javob berdi: «Agar Olloh menga hayot bersa, mening sirimni saqlashga, agar oʻlim haq boʻlsa, mening vasiyatimni bajarishga va’da berasizmi?». Men: «Ha», – deb uni ishontirdim. Shundan soʻng yigitcha dedi: «Men sizning va’dangizga ishonaman, chunki, jussasida siznikidek shunday ulugʻ yurak urib turgan inson yolgʻonchi ham, sotqin ham boʻlishi mumkin emas».

«Mening ismim falonchi, falonchining oʻgʻliman. Otam olti yoshimda meni yoʻqchilikka topshirib, oʻlib ketgan. Meni otamning ukasi – amakim oʻz tarbiyasiga oldi. Amakim qolgan barcha qarindoshlarim ichida eng yaxshisi edilar, koʻngillari toza, mehribon, rahmdil odam edilar. Men ularnikida kichkina qizlari qanday erkin yashasa, shunday erkin yashadim. Uning yoshi ham men tengi yoki biroz kichikroq edi. Amakim oʻz qizlari oldida uzoq yillar Ollohdan soʻrab yetolmagan oʻgʻil farzand – akasini koʻrib quvonardi. U menga xuddi qiziga qanday gʻamxoʻr boʻlsa, shunday gʻamxoʻr edi, hatto maktabga ham ikkalamizni bir kunda yuborganlar.

Men u qizga xuddi akaday samimiy munosabatda edim va unga juda oʻrganib qoldim. U bilan doʻstlashib, ota-onamni olib ketgan va vaqti-vaqti bilan oʻzini bildirib turadigan gʻam-alam bois yoʻqotgan quvonch va baxt onlarini tuydim.

Singlim voyaga yetib, alohida xonada yashash vaqti kelmaguncha biz doim birga boʻldik. Birga maktabga borar va birga qaytar edik, hovlida oʻynar yoki bogʻda sayr qilardik, sinfda dars qilish uchun uchrashardik yoki uxlashdan oldin suhbatlashardik. Bizning qalblarimizda sevgi olovi yona boshlagan va uni hech qanday taqdir toʻsiqlari yenga olmaydigandek edi. Hayot goʻzalliklarini men faqat uning yonida his etardim, baxt nurini faqat uning tong ufqi kabi musaffo kulgularida koʻrar edim. Uning oldida oʻtkazgan bir soatim uchun hayotimning barcha quvonch va halovatlaridan kechgan boʻlardim. Aqlu zakovat, yaxshilik, samimiyat, sadoqat va yaxshi tarbiyani men faqat unda koʻrdim va boshqa qizlarda bu sifatlarni tan olishni istamas edim.

Hozirda meni zulmat qorongʻusi va gʻamu tashvishlar oʻrab olgan boʻlsa ham, uzoqdan bolalik kunlarimizda bizni oʻrab turgan oq nur taratuvchi huzur-halovatning qanotlarini koʻra olaman. Shu bois, biz ikkimiz ham oʻshanda xuddi billur qadah ichidagi may kabi nur sochar edik. Men bizning quvonchlarimiz, orzu va istaklarimiz guvohi boʻlgan goʻzal bogʻni tasavvur eta olaman, uni xuddi oldimda koʻrgandek koʻra olaman, uni, uning suvlarini, tosh yoʻllarini, daraxt novdalarini, gullarning barcha ranglarini – hamma-hammasini, hatto, biz kun soʻngida birga oʻtirishgan oʻsha toshli oʻrindiqni ham. Biz suhbatlashish yoki gullardan gulchambar yasash uchun, yoki qaysidir kitobni varaqlash uchun yoki boʻlmasa kim yaxshi chizish boʻyicha bahslashish uchun shu yerda uchrashar edik. Men darslarimiz tugagandan keyin doimo uning soyasida oʻzimizga qulay joy topib, oʻzimizni xuddi onalari bagʻrida orom topgan qush bolalari kabi his qilgan oʻsha koʻm-koʻk oʻt-oʻlanlarni yaqqol koʻz oldimga keltira olaman. Yana men ariq va buloqchalar oldida kavlagan kichik-kichik hovuzcha-larimizni tasavvur eta olaman. Biz ularni suv bilan toʻldirar edik, soʻng uning atrofida oʻtirib olib, u yerga tashlagan baliqchalarimizni qoʻlimiz bilan tutib oʻynar edik. Agar ovimiz zoʻr boʻlsa, mamnun boʻlar edik. Men qushlar boqadigan ajoyib tillarang qafaslarni koʻz oldimga keltira olaman, biz soatlab ularning yonida oʻtirib, ularni kuzatar edik hamda ularning gʻayrioddiy tumshuqlarini tomosha qilar edik. Qushlar suv ichayotganida yoki don yeyishayotganida biz ularga laqab qoʻyib olar edik va ular bilan gaplashardik. Ularning chugʻur-chugʻurini eshitib bizning soʻzlarimizga javob berishayapti deb oʻylar edik.

Amakimning qiziga boʻlgan sirli his-tuygʻularim aka-singillik rishtasi edimi yoki olovli muhabbatimi, buni hozir aytishga ojizman, lekin aniq bilamanki, bu noaniq va noumid tuygʻu edi. Qiz bolaning musaffo yuragiga gʻam-sitam yukini ortganlarning birinchisi boʻlmaslik uchun men unga oʻzimning sof muhabbatimni oshkor etmadim. Chunki men uni, ya’ni eng yaxshi koʻrgan amakimning qizini hamda erta bolalikdagi oʻrtogʻimni juda e’zozlar edim. Bir-birimizning umr yoʻllarimizni birlashtirish hatto xayolimga ham kelmas edi. Uning ota-onasi menga oʻxshash bu bechora, baxtsiz yigitni xuddi qizlaridek yoqtirishlariga ishonmas edim. Men undan barcha sevishganlar ehtiyoj sezadigan narsalarni talab qilmas edim, chunki men uning qadrini juda baland tutar edim. Uning oʻtkir nigohlariga qarash bilan uning qalbi tubida men uchun qancha joy ajratganiga e’tibor qilmas edim, balki aka sifatida joy ajratgandir, balki sevgilisi sifatida. Amakimning qiziga boʻlgan sevgim xuddi ruhoniy maloyika qarshisida tiz choʻkib, ta’zim qilishday gap edi, goʻyo u ilohiy ma’budayu men unga bosh koʻtarib qarashga jur’at qilmagan xudojoʻyman.

Toki amakim ogʻir kasallikka chalinib vafot etgunlaricha biz shunday yashadik. Amakimning xotiniga umid bilan aytgan oxirgi soʻzlari shunday boʻldi: «Oʻlim bu bolaga qilayotgan gʻamxoʻrligimga xalaqit bermoqda, men unga qanday ota boʻlgan boʻlsam, sen shunday ona boʻlgin. Men senga oʻlimimdan keyin u mendan boshqa hech narsasini yoʻqotmasligini vasiyat qilaman».

Ammo aza kunlari oʻtmasdanoq men oʻzimga nisbatan boshqa munosabatni, boshqacha qarashlarni seza boshladim. Qalbimda shu paytgacha yot boʻlgan oʻzgacha bir his-tuygʻu paydo boʻldi. Meni hadik va umidsizlik qamrab oldi, umrimda birinchi marta bu uyda begonaligimni, yorugʻ jahonda musofir ekanimni oʻylab ketdim.

Kunlarning birida xonamda oʻtirgan edim, xonamga istarasi issiq, ochiqqina xizmatkor ayol kirib keldi. U toʻgʻri oldimga keldi-da, dedi: «Xoʻjam, xonim sizga bir gapni aytib qoʻyishimni buyurdilar; yaqinda u qizini turmushga chiqarar ekan, siz va singlingiz voyaga yetganingiz bois amakingiz vafotidan keyin sizning bu yerda qolishingiz kuyovda shubha uygʻotishi mumkin. Hozir siz yashayotgan xonada kelin-kuyovlarga joy hozirlanar ekan. Xonim oʻzlariga tegishli qaysi uyni xohlasangiz oʻshanga oʻtib yashashingiz mumkinligini aytdilar. U sizga barcha shart-sharoitlarni yaratib berib, ayriliq azoblarini his etmas ekansiz».

Bu soʻzlar otilgan oʻqday yuragimni teshib oʻtdi. Shunday boʻlsa-da, oʻzimni qoʻlga olib: «Mening istagim nima boʻlardi, Olloh rozi boʻlsa, boʻlgani», – dedim.

Xizmatkor ayol yumushiga ketdi, men esa koʻz yoshlarimga erk berib qorongʻu tushguncha bir oʻzim yolgʻiz qoldim. Jomadonimni olib unga kiyimlarimni va kitoblarimni joyladim va oʻzimcha oʻyladim: «Bu hayotda meni baxtli qiladigan hech narsa qolmadi, hatto men hurmat qiladigan va meni ham hurmat qiladigan yaqin kishimdan-da judo boʻldim. Endi na quvona, na afsus qila olaman». Shundan soʻng bildirmaygina bu uydan chiqib ketdim. Ammo ketishimdan oldin soʻng bor shaffof parda ortida tinchgina uxlayotgan sevgilimga nazar tashladim. Bu mening u bilan soʻnggi uchrashuvim edi.

Qasamki, jonajon Bagʻdodni gina qilib tark etmadim,
Eh, qaniydi Bagʻdodda umrbod qololsam!
Meni gʻam qiynadi, shu bois pinhona ketdim,
Hatto doʻstlar bilan xayrlashishga ham qolmadi mador.

Xuddi Odam alayhissalom jannatni tark etganidek, men ham uzoq vaqt baxtli yashab kelayotgan uyimni tark etdim. U yerdan karaxt, qochoqqa oʻxshab ayanchli tusda musibatlar va xavf-xatarlardan boshi chiqmagan kishi kabi ortiq uchrashishga umidim yoʻq holda taqdirga tan berib, gʻariblik sari yuz tutdim.

Baxtiyor onlarimdan nishona sifatida ozgina pulim bor edi. Yuqori qavatdagi mana shu boʻsh xonani ijaraga oldim, lekin bu yerda loaqal bir soat ham turolmadim, yuragimni hasrat va gʻamdan ozod qiladigan dori topish ilinjida goh u yerga, goh bu yerga koʻchib yura boshladim. Bir necha oylik uzoq safarga joʻnab ketdim. Bir shaharga kelib qoʻndim demaguncha koʻnglim boshqa shaharni tusayveradi, bir joyga quyosh chiqa boshlaganida yetib borsam, botayotganida boshqa joyda boʻlardim.

Shunga oʻrganib qolgan edim. Ammo maktabda darslar boshlanib qoldi va men bolaligim oʻtgan shaharga, amakimning uyiga qaytdim. Endi odamlar orasida yashasam-da, yakka yashash orzusida hamon ularning koʻziga tashlanavermasdim. Men oʻzim bilan oʻzim boʻlishga, hech narsaga e’tibor qilmaslikka, oʻtmishimni unutishga, oʻtmishimni eslatadigan barcha narsalardan qochib yashashga qaror qilgandim.

Maktab va uydan boshqa hech qayerga bormasdim. Qalbimda oʻtmish kechinmalarimdan hech vaqo qolmagandi. Faqat gohida paydo boʻladigan gʻamgina ruhimni bezovta qilib turar edi, shunda men oʻzimning yolgʻizligimdan achchiq-achchiq yigʻlab olardim. Buni Ollohdan boshqa hech kim bilmasdi, toki qalbim sokinlikka erishguncha shu holat davom etdi.

Men birmuncha muddat shunday yashadim. Kecha esa qancha pulim qolganini bilmoqchi boʻldim. Qarangki, pulim qolmabdi va men bundan keyin qanday yashashimni oʻylab qoldim, boz ustiga yana oʻqish pulni ham toʻlash zarur edi. Ahvolim tang ekanligini oʻylab ancha dovdirab qoldim, nima qilishimni bilmasdim. Shunda kitoblarimni koʻzdan kechirdim, eng zarurlarini qoldirib, qolganlarini kitob bozoriga olib bordim. U yerda kun boʻyi turdim, ammo kitoblarimni toʻrtdan bir bahosiga ham oladigan xaridor boʻlmadi. Charchagan va jahlim chiqqan holda uyga qaytdim, shu lahzalarda mendan-da baxtsizroq va mendan-da gʻaribroq inson yoʻq edi.

Uy darvozasi oldida qoʻshnilardan meni soʻrab turgan qandaydir ayolga koʻzim tushdi. Men uni tanidim. U amakimning uyidagi xizmatkor ayol edi. Men: «Siz falonchimi?» deb soʻradim. U: «Ha» deb javob berdi. Men u ayoldan nimaga kelganini soʻradim, ayol menda ishi borligini aytdi. U bilan oʻz xonamga koʻtarildim, yolgʻiz qolganimizda undan nima gapi borligini soʻradim. U gap boshladi: «Uch kundan buyon seni qidirmagan joyim qolmadi, seni na birov koʻrgan, na birov eshitgan. Mana, oxiri seni bugun topdim». Shunday deb ayol hoʻngrab yigʻlab yubordi. Uning yigʻisi meni choʻchitib yubordi. Marhum amakimning uyida biror bir kor-hol boʻldimikin deb qoʻrqinch bilan xizmatkor ayoldan nimaga yigʻlayapsiz deb soʻradim. U ajablandi: «Nahotki amakingning uyida nima boʻlganidan bexabar boʻlsang?» dedi. «Xabarim yoʻq, – deb javob berdim. – Xoʻsh nima boʻldi?». Shunda xizmatkor ayol kiyimining qatidan bir xat olib, menga uzatdi. Men xatni ochdim, u mening sevgilimdan edi. Men hech qachon yodimdan chiqmaydigan soʻzlarni oʻqiy boshladim: «Men bilan xayrlashmasdan ketib qolibsan, lekin bundan xafa emasman. Ammo bugun men oʻlim toʻshagida yotibman, men bilan oxirgi bor xayrlashishga kelmasang, seni kechirmayman». Qoʻlimdagi xatni irgʻitib, eshik tomon talpindim. Xizmatkor ayol yengimdan tortib toʻxtatdi: «Xoʻjam, yoʻl boʻlsin?». «U kasal, men uni, albatta, koʻrishim kerak», – deb qichqirdim unga. Ayol biroz sukut saqladi. Soʻng hazin ovozda: «Endi foydasi yoʻq, xoʻjam. Taqdirga tan bering», dedi.

Yuragimda bir nima chirt uzildi, butun dunyo qorongʻulashdi. Turgan joyimda hushsiz yiqildim va anchagacha shunday yotdim. Nihoyat koʻzimni ochib, tun choʻkkanini, yonimda esa xizmatkor ayol yigʻlab turganini koʻrdim. «Ey ayol, nahotki aytganlaring rost boʻlsa?» unga murojaat qildim. «Ha» deb javob berdi u. Men undan hammasini bir boshdan aytib berishini soʻradim.

U quyidagilarni hikoya qildi: «Sen ketganingdan keyin xoʻjam, amakingning qizi oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi. Sen ketgan kuning u mendan nima uchun bunday qilganingni soʻradi va men unga onasi aytgan gaplarni senga yetkazganim uchun ketganingni aytdim. Shunda u bechora dodlab: «U shoʻrlik endi nima qiladi! Axir ular bizning muhabbatimiz haqida bilishmaydi-ku!» – dedi. Goʻyo qalbidagi yaralarni davolaganday seni hech eslamadi. Bir necha kun ichidayoq uning ruhiy xastaligi jismiga oʻtdi. U oʻzini juda yomon his qila boshladi. Oldingi husnidan nom-nishon qolmadi, lablaridagi mayin tabassum allaqayoqqa gʻoyib boʻldi, keyin u toʻshakka bir yotib qolganicha boshqa qaddini koʻtara olmadi. Qizining bu ahvolidan onaning yomon kayfi uchdi, uni turmushga berish haqidagi oʻylarni unutdi, axir oldinlari tunu kun xayolida faqat shu gaplar boʻlar edi-da. U tabib chaqirtirdi va qiziga qarab turish uchun enaga ham yolladi. Tabib ham, enaga ham yordam bera olmadi. Qizning kundan-kun ajali yaqinlashib kelardi. Bir necha kun oldin yonida oʻtirganimda, uning asta qimirlab qoʻyganini sezdim. Men unga tomon engashdim, u qoʻlidan ushlashimni ishora qildi. Men qoʻlidan ushladim va u bir amallab turib oʻtirdi, keyin soat necha boʻlganini soʻradi. Men: «Qorongʻu tun», deb javob berdim. Uyidagilarning hammasi uyqudaligiga va mening bir oʻzim qolganimga ishonch hosil qilgandan soʻng: «Amakimning oʻgʻli qayerdaligini bilasanmi?» deb soʻradi. Men hayron qoldim, chunki u koʻpdan buyon sen haqingda gapirmagan edi-da. «Ha, u qayerdaligini bilaman», – dedim. Aslida sening qayerdaligingni bilmasdim, lekin u bechorani noumid qilmaslik uchun shunday dedim. Baribir uning kuni bitgan edi. U mendan: «Hech kimga bildirmasdan mening xatimni unga yetkaza olasanmi?» – deb soʻradi. Men: «Bu narsa qoʻlimdan kelmas-ov, xonim...» dedim. Ammo u siyohdonni soʻradi va qoʻlingdagi mana shu xatni yozdi. Tong otgach, uydan chiqdim-da, seni qidirishga tushdim. Har bir oʻtkinchining yuziga tikilib qarayman, senga oʻxshataman, lekin u boshqa boʻlib chiqardi. Yana quyosh bota boshladi, kech kirdi va men uyga qaytdim. Uyga yaqinlashganimda qulogʻimga goʻyanda xotinlarning tovushi chalindi va men ajal oʻqi nishonga tekkanini, oʻzining tarovati va goʻzalligi bilan olamni toʻldirib turgan ajoyib atirgul soʻnggi yaprogʻini toʻkkanini angladim. Men yolgʻiz bolasini yoʻqotgan ona kabi unga juda kuyundim. Darhaqiqat, oʻsha kuni hamma yigʻladi. Men uchun eng ogʻiri shu boʻldiki, u umrining oxirgi daqiqalarida seni koʻrishni umid qilgan edi va bu orzusi ushalmay qoldi. Men bu xatni yashirib yurib, seni axtardim va oxiri topdim».

Men u ayolga minnatdorchilik bildirib, kuzatib qoʻydim. U ketdi... Bir oʻzim qolgach, koʻzimni qorongʻulik qoplayotganini sezdim va hech narsani koʻrmay qoldim. Sizni koʻrmagunimcha nimalar boʻlganini eslay olmayman».

Hikoyasining shu joyiga kelganda yigitcha ogʻir xoʻrsindi, shunda men uning yuragi ana-ana yoriladi deb oʻyladim. Men unga tomon engashib: «Nima boʻldi, xoʻjam», – deb soʻradim. «Oʻz qalbimni biroz boʻlsa ham taskin toptirish uchun bir tomchigina koʻz yoshi istadim, ammo qani u?», dedi va jim boʻlib qoldi. Keyin bir nimalar deb shivirlayotgandek tuyuldi. Men yana unga engashdim va u sekin dedi: «Ey, Xudo, sen mening yorugʻ dunyoda kimsasiz, yolgʻiz ekanimni bilasan. Men bir kambagʻal odamman, mening suyanchim ham, qoʻllab-quvvatlovchim ham yoʻq. Men zaifman, notavonman, tirikchilikka qayerdan pul topishni bilmayman. Baxtsizlik meni yomon zabtiga oldi, yuragim soʻnggi marta urayapti... Ey Xudo, axir sen Oʻzing menga jon ato qilgansan, men sening amringga shakkoklik qilib, oʻz jonimga qasd qilolmayman. Shu bois, uni Oʻzing ol, menga bergan omonatingni ol, oʻz dargohingga qaytar, Sening panohingda, Sening huzuringda boʻlish qanday baxt».

Shunday deb, yigitcha boshini changallagancha zaif ovozda: «Boshim yonayapti, yuragim esa ogʻriqdan tars yorilay deyapti. Mening umrim oz qolganga oʻxshaydi... Olloh oʻz amrini bajo keltirgach, siz meni sevgilim yoniga koʻmishga va mana bu xatni lahadga men bilan birga qoʻyishga va’da berasizmi?»,– deb soʻradi. Men: «Yaxshi, Ollohdan ruhingizni yengil qilishini soʻrayman», dedim. «Endi men xotirjam jon beraman», – dedi u. Bu uning soʻnggi soʻzlari edi.

Baxtsiz yigitcha borasidagi qaygʻum uning vasiyatini ado etganimdan soʻng xiyol yengillashganday boʻldi. Men uni oʻsha amakisining qizi yoniga dafn qildirdim hamda oʻsha qiz oʻz oldiga kelishini soʻrab yozgan xatni ham birga qoʻydim. Tirikligida bu chaqiriqqa kela olmagan yigitcha har qalay oʻlgandan keyin yetib keldi-ku.

Shunday qilib, ikki murgʻak qalb birlashdi. Hayotlik davrlarida bu yorugʻ olamda ularga joy yoʻq edi, ammo oʻlganlaridan soʻng esa oddiy lahad ularga boshpana boʻldi.