OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMustafo Qutlu
Asar nomiYulduz toʻzoni (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Mustafo Qutlu
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonPoshshojon Kenjayeva (turk tilidan)
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yulduz toʻzoni (hikoya)
Mustafo Qutlu

Yoz oqshomi.

Salqin bir yoz kechasi. Yulduzlar xuddi osmondan yerga enayotgandek. Goʻyo qoʻl choʻzsang yetadi.

Ukam Kenan bilan birga tomda yotardik.

Osmondagi yulduzlarni tomosha qilardik.

Churq etib, ogʻiz ochmasdik.

Tun qushlari oʻqtin-oʻqtin sayrar, ora-sira uzoqlardan itlarning vovullashi eshitilardi.

Kenan shu vaqt:
— Aka! — dedi
— Ha! — dedim men.
— Osmonda har bir odamning oʻz yulduzi bor deyishadi, shu gap ¬rostmi?
— Bilmayman, balki toʻgʻridir.
— Qaysisi mening yulduzim ekan-a?!
— Oʻh-hoʻ... millionlab, milli¬ardlab yulduzlar bor, men qaerdan bilay.
— Boʻldi, men shu yulduzlarning birini tanlashni xohlayman, sen ham oʻzingga tanla.

Bu gap menga yoqib tushdi.
— Qani, tanlaymiz.

Kenanga yulduzlar haqida soʻz ochdim.

Maktabda oʻqiganlarimni birma-bir eslay boshladim. Qara, shu teskari kapkir shaklidagi yulduz Kichkina Ayiq, uning yonidagisi esa Katta Ayiq deyman va ukamning «Qani, qani, qaysisi» degan savoliga aniq-loʻnda javob beraman.

Kenan hali maktabga bormagan, inshoolloh, bu yil boradi.

U, nihoyat, yorugʻ bir yulduzni tanladi. «Mana bu — mening yulduzim» dedi. Naq Kashish togʻining tepasida tikka osilib turgan yulduz. Jo¬yini belgilab qoʻydik.

Men ham bir yulduzni tanladim, bema’nilik, ha, mayli shunday boʻla qolsin; hali u bola-da.

Shunday deb oʻylashim bilan bir yulduz uchdi.

Ortidan nurli iz qoldirib koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Kenan hayajon bilan:
— Aka, qara, bir yulduz uchdi. Uchib, koʻzdan yoʻqoldi. Yulduzlar uchib, qaerga ketadi? – dedi.
— Uni bilmayman, biroq...
— Nima, biroq?
— Deydilarki, agar yulduz uchsa, uning sohibi bu dunyoni tark etarmish.
— Hozir hammi?
— Shunday.

Kenan xafa boʻlib menga yuzlandi:
— Qaramaylik, aka. Ular yana uchar, ehtimol...
— Mayli, qaramaymiz.

* * *

Togʻam keldi.

Togʻam Olmoniyadan menga velosiped, Kenanga koptok sovgʻa keltirdi.

Togʻam meni bolaligimdan biladi, Kenanni boʻlsa hech koʻrmagan. U ancha yillar ilgari Olmoniyaga ketgan, koʻpdan beri uyga kelmagandi. Hozir ta’tilda. Kelishi bilan uyimiz nurga toʻldi. Ammo togʻam tez orada qaytib ketmoqchi, chunki ta’til muddati kam ekan. U meni quchogʻiga olib, havoda aylantirdi, yuzi qizarib, nafasi boʻgʻildi.
— Katta yigit boʻlib qolibsan, — dedi.

Togʻamning qoʻllarini oʻpdim, rahmatlar aytdim. Togʻam Kenanning sochlarini silar ekan, onamga qarab:
— Voy-boʻy, xuddi mening oʻzim, — dedi.

Onam:
— E-e... Aytadilar-ku, oʻgʻil togʻaga, qiz bibiga tortadi, deb.

Biz tomonlarda ammani bibi deyishadi.

Mening ham velosipedim boʻlishini koʻpdan orzu qilar edim. Lekin badavlat yashamaganimiz uchun otam menga velosiped olib berolmasdi. Yoshim ulgʻaygani sayin shaharchamizdagi velosipedi bor bolalarga havasim kelib, ularning orqasidan yugurar, «Men ham bir marta uchsam nima boʻladi», deya yolvorardim. Ular bermasdilar. Bizning shaharchamiz juda kichkina, sanoqli bolalardagina velosiped bor, ular ham oʻziga toʻq oilalarning bolalariniki.

Endi mening ham velosipedim bor. Hammasining koʻzini oʻynataman, hech kimni uchirmayman. Har kuni yuvib, yaltiratib qoʻyaman. Aslida, top-toza, yap-yangi. Shaharchamizda eng chiroyli velosiped mening velosipedim. Hatto unda uchishga mening ham koʻzim qiymaydi. Yo oʻzim yiqilib tushadigan, yo velosipedga bir narsa boʻladigandek.

Ammo sabrim chidamadi, velosipedimda ora-chira ucha boshladim. Kenan yonimda yugurar, «Aka, meni ham uchir, menga ham oʻrgatsang nima qiladi», deya yalinardi, lekin uni velosipedga sira yaqinlashtirmasdim. «Boʻlmaydi, sen hali kichkinasan, oyoqlaring yetmaydi, ket, koptogingni oʻyna», derdim. U boʻlsa — yigʻlar, depsinar, «Nima qilaman koptokni, men velosipedda uchishni xohlayman», deb mingʻirlagani mingʻirlagan edi.
— Yoʻq, boʻlmaydi, — derdim men.

U borib onamga yomonladi, onam esa mening yaxshilab ta’zirimni berdi. Kenan butunlay menga qarshi edi, yigʻladi-siqtadi va nihoyat, xafa boʻlib, ovozi oʻchdi. Jahlidan tushmay tomga chiqdi, kaptarlarni uchirish bilan ovora boʻldi.

«Uf... Kaptarini uchirsin. Meni bir pasgina xoli qoldirsin».

Shaharcha koʻchalarida velosipedimda uchar ekanman, hamma menga qarar, bolalar orqamdan yugurishib velosipedimni ushlab koʻrishga intilardilar. «Qochinglar, iflos qoʻllaringizni tekkizmang», deya bolalarni yozgʻirardim. Ularning velosipedlari eski-tuski. Ustiga-ustak, oʻzimizning mol. Meniki-chi, olmon moli!

Faqat Abdurahmonga minishga ruxsat berdim.

Keldi, velosipedning u yoq-bu yogʻini koʻrgandek boʻldi, qutlugʻ boʻlsin, dedi. Uchirishni xohlamadi, aslida uchishni bilmasdi.

Abdurahmon yetim. Otasi yoshligidan hammol boʻlgan ekan. Oʻtgan yili vafot etdi. Ular juda faqir, onasi ham kasal. Abdurahmon maktabga bormay qoʻydi, bozorda tilanchilik qila boshladi. Har holda, uch-toʻrt kurush topib keladi. Yaxshi bola, bilimi ham yaxshi edi.

Abdurahmonga rahmim kelardi.

Qaniydi, uchirishni bilsa, unga velosipedimni berib turardim.

* * *

Togʻam Olmoniyaga joʻnab ketdi.

Yozgi ta’til ajoyib oʻtdi.

Na soyga choʻmilishga bordim, na baliq oviga. Yoz boʻyi umuman koptok oʻynamadim. Faqat velosipedda uchish bilan kunim oʻtdi. Ikkita kichkina bayroq sotib oldim. Biri Turkiya bayrogʻi, yana biri «Fanorbogʻcha» bayrogʻi. Ularni rulga taqmoqchiman. Qani endi, bir hushtagim ham boʻlsa, ya’niki, velosiped signali. Qoʻngʻirogʻim bor, lekin uni nima qilaman. Otamga aytsam, shahardan menga velosiped signali olib kelib berarmikan?

Kenan men bilan gaplashmaydi, hanuz xafa.

Men velosipedni yetaklab uydan chiqqanimda u tomda turib menga qarab-qarab qoʻyardi. Aslida ukamni bunchalik xafa qilmasligim kerak edi. Ammo, nima qilay, u hali juda kichkina, gapga tushunmaydi.

Yonida yurib oʻrgatsam, uch kundan keyin oʻzim uchaman, deyishi turgan gap. Aytganini qildirmasdan qoʻymaydi. Uni yaxshi bilaman. Uchishni oʻrganib olsa, velosipedni oʻziniki qilib olishi tayin, keyin meni hatto yaqinlashtirmasligi ham mumkin.

Hali shoshilmasin, bir oz kutsin. Salgina ishtiyoqim susaysin. Lekin susaymayapti sira. Hatto kechalari ham velosiped tushlarimga kirib chiqadi.

* * *

Bir kuni saharlab toʻsatdan eshik taqilladi.

Qanday taqillaganini koʻrsangiz edi. Xuddi u kimsa uyni yiqmoqchidek. Bir eshik qoʻngʻirogʻini bosar, bir eshikning oʻzini urardi.

Apil-tapil yugurib borib, eshikni ochdik: Abdurahmon. Yuzlari oqarib ketgancha, baqrayib turardi.

Otam:
— Nima boʻldi, Abdurahmon, bu qanday vahima? — deb soʻradi.
— Kenan yiqilib tushdi amaki, yuguring, — dedi.

Hayron boʻlib, hammamiz bir-birimizga qaradik.
— Kenanga nima qildi?
— Kenan uyda emasmidi?
— Kenanga nima boʻldi?

Otam pijamada, onam tungi koʻylagining ustidan shoshilgancha nimanidir kiydi, men esa kalta koʻylakda edim. Hammamiz tashqariga otildik.

Yoʻlda ketayotib «Kenan qaerda?» — deb soʻradi otam.

Abdurahmon «Oldinda, yoʻl chetida pastlikka dumalab ketibdi», — dedi.

Otam bilan onam shunday yugurdilarki, biz — Abdurahmon ikkimiz orqada qolib ketdik. Ular muyulishda qayrilib, koʻzdan gʻoyib boʻldilar.

Men Abdurahmondan «Kenan erta-sahardan tashqarida nima qidirayotgan ekan?», — deb soʻradim. Abdurahmon yerga qaradi. «Velosipedingni olibdi, uni uchiribdi, balandlikdan pastga enayotib toʻxtata olmay, pastlikka qulabdi. Men uni ketayotganida koʻrdim. Oʻzi bir tomonda, velosiped boshqa tomonda, boshi qonab ketibdi», — deya zoʻrgʻa nafas olardi u.

Biz voqea joyiga yetib bormasdan onam bilan otam muyulishda koʻrindi. Otam Kenanni quchogʻiga olgan, Kenanning boshi otamning qoʻli ustida goʻyo jonsizdek pastga osilib turardi, onam tizzalariga urganicha «Ketti oʻgʻlim, ketti», — deya dod-voy solardi.

Otam yonimizdan oʻtar ekan, «Bor, buvingga xabar ber, biz kasalxonaga ketayotirmiz, xavotir olmasin», — dedi.

Abdurahmon ikkimiz turgan joyimizda qotib qoldik. Birpasdan keyin u yelkamga turtib: »Xafa boʻlma, balki faqat hushidan ketgandir», — dedi.

Boʻgʻzimga nimadir tiqilgandek boʻldi, hoʻngrab yigʻlab yubordim. Oʻzimni hech toʻxtata olmayman: koʻz yoshlarim tinimsiz oqadi. Abdurahmon ham yigʻladi.

Qoʻlini yelkamga qoʻydi. Qishloq kasalxonasida shifokor yoʻq. Ikki doya, bir hamshira bor, xolos.

Bolani zudlik bilan shaharga, kasalxonaga olib borish kerak, debdilar. Bir jip mashina topib Kenanni shaharga olib ketibdilar. Buvim esa derazaning oldiga choʻkkalagancha koʻzini yoʻldan uzmasdi. Tinmasdan duo oʻqirdi. Qoʻshnilar ham uyimizga chiqdilar.

Abdurahmon bilan borib velosipedni koʻrdik. Egri-bugri boʻlib ketibdi: rul qiyshaygan, chirogʻi singan. Hech koʻz oldimdan ketmayotir.

Velosipedni sudrab uyga keltirdik, hovlining bir burchagiga suyab qoʻydik.

Oh Kenan, oh! Nega bunday qilding?

Ammo ayb menda. Uni velosipedga mindirganimda edi, havasi sal boʻlsa-da pasayarmidi! Shunda bu falokat ham sodir boʻlmagan boʻlardi. Ayb menda.

Tuz ham totmadim. Ayvonda oʻtirib qoldim. Koʻzlarim velosipedda. Ming la’nat. Kenanga bir narsa boʻlsa-chi? Ukam oʻlib qolsa-ya.

Siqilib ketdim. Ortiq yigʻlashga holim qolmadi. Nima qilsam ekan? Shahardan ham biror xabar yoʻq. Kenanning ahvoli yaxshi, xavotir oladigan joyi yoʻq degan xabar kelsa, qaniydi.

Tomga chiqib kaptarlarga don sepdim. Vaqt tezroq oʻtsin deb tovuqxonani tozaladim, suvlarini yangiladim. Kenanning taxtadan yasalgan eski bir oʻyinchoq mashinasi bor edi. Gʻildiragi singan, u ham bir tomonga agʻdarilib yotardi. Unga yangi gʻildirak yasab, oʻrniga qoʻydim. Chiroyli boʻldi. Ammo Kenan endi buni oʻynamaydi, kichkina bola emas. U endi ulgʻaydi, bu yil maktabga boradi.

Buvim ayvonda turib ovoz berdi: «Nabiraginam, kel, bir-ikki luqma ovqat yeb ol», — dedi. «Qornim toʻq mening», — deya javob berdim. Tomdan pastga tushishni xohlamadim, u velosipedni yana koʻrishni istamayman.

Oqshom boʻldi, hamon xabar yoʻq.

Qoʻshnilarimiz buvimga shoʻrva keltirishdi, xabar bormi, deb soʻradilar. Xabar — yoʻq.

Men hamon tom ustida edim.

Keyin pastga tushdim. Yugurib velosiped yoniga bordim. Rulga ogʻirimni tashladim, bir oz toʻgʻrilandi, sudrab Abdurahmonning ¬uyiga keldim.

Abdurahmon hayron boʻldi. Nima boʻldi, dedi, xabar bormi? Yoʻq, dedim. E-e, dedi. Bu velosipedni senga olib keldim, pochchang temirchi-ku, balki tuzatar, dedim. Yoʻgʻ-e, dedi; u nima deb tushundi, bilmadim. Men buni senga bermoqchiman, dedim. Abdurahmon qanday boʻlar ekan, ta’mirdan chiqarib yana minarsan, dedi. Yoʻq, yoʻq, dedim; men bu velosipedni endi minmayman, seniki boʻlsin, dedim.

Shunday deyishim bilan koʻzlarim yana yoshga toʻldi. Boshqa gaplashmadik. Abdurahmonni shu yerda, eshik oldida hayron qoldirgancha undan uzoqlashdim.

Kelib yana tomga chiqdim.

Osmonga qarab yotib koʻzlarimni Kashish togʻining ustida porlab turgan yulduzga tikdim. Bu — Kenanning yulduzi, ikkalamiz tanlagan edik.

Yulduzga tikila-tikila kechgan kunlarni xayolimdan oʻtkazdim. Oʻtgan yozni. Ariqda tutgan baliqlarimizni. Pastki mahallani matchda 6—2 hisobida yutganimizni.

Yulduz uchdi.

Yulduz uchib pastlay boshladi.

Kenanning yulduzi uchayotir.

Kenan oʻlayotir.

Ollohim, Ollohim, Kenan oʻlayotirmi?

Oʻrnimdan uchib turdim, bir koʻzim yulduzda. Yulduz ortidan nurli iz qoldirib yaqinlashayotir. Makkajoʻxori dalasi yoniga, Sulton pichanzori ustiga toʻgʻri tushayotir.

Tomdan oʻqdek otilib tushdim. Oyoqlarim yalang. Yugura boshladim. Shaharcha koʻchalarida yeldek uchdim. Bir koʻzim yulduzda.

U tushayotir, men yugurayotirman.

Shaharchadan chiqdim, makkajoʻxori dalasiga roʻpara boʻldim.

Makkajoʻxorining boʻyi menikidan baland, barglari yuzimni tirnardi. Yulduzni koʻrmayotirman, yulduzga nima boʻldi? Makkajoʻxorizordan chiqdim, pichanzor tomon yurdim. Atrof kunduzdek yorugʻ, moviy-yashil ajib yorugʻlik. Suv yangligʻ, dengiz yangligʻ.

Yulduz tushayotir.

Shukrki, sekin-sekin enayotir.

Bir fazo kemasi kabi yorugʻlik taratgancha enayotir.

U qoʻndi, men yaqinlashdim; u tushdi, men bordim. Pichanzorning oʻrtasiga yetdim.

Yulduz tushib keldi, keldi, kelayotib porladi, porlab zarralarga aylandi, men qoʻllarimni uzatdim, ikki kaftimni ochdim, yulduz kelib kaftimga qoʻndi.

Xuddi tushdagidek suhbatlasha boshladik:
— Sen Kenanning yulduzisan, shundaymi?
— Shunday.
— Xush kelibsan, ahvoling qanday?
— Yaxshiman, ammo quladim, uchib kelayotib quladim.
— Hechqisi yoʻq, men seni yugurib tutdim.
— Tashakkur. Ozgina kech qolganingda yerparchin boʻlardim.
— Buncha yengilsan, nega yulduzlar uchadi?
— Har jonzotning bir umri bor, umri oxirlasa nur soʻnadi.
— Biroq men seni tutdim, qara, hali ham porlayotirsan.
— Demakki, bir umrning vaqti-soati tugamagan.
— Xoʻsh, endi nima qilamiz. Seni hamisha kaftimda bunday tutib turolmayman-ku.
— Ma’qul. Nima qilmoqchisan?
— Nima qilay?
— Meni bir oz balandga koʻtar-da, keyin butun kuching boricha «Yo, Olloh! Bismilloh!», deb menga qarab pufla!

Yulduz par yangligʻ osmonga yuksaldi, soʻngra tezlasha-tezlasha, yorugʻlik tezligida koʻk sari oʻqdek toʻgʻri ketdi — eski joyiga yetib bordi, u makondan menga bir koʻz tashlagandek boʻldi, goʻyo tashakkur bildirdi.

Voy-boʻy!

Kenanning yulduzi yana Kashish togʻining qoq tepasida, eski oʻrnida — yana oldingidek porlab turardi.

Yelkamdan ogʻir bir yuk tushgandek boʻldi.

Yulduzga qoʻl silkidim, keyin bir qattiq hushtak chaldim, soʻngra kelgan yoʻlimdan sollana-sollana orqaga qaytdim.

Uyga kelganimda eshik oldi toʻla olomon edi.

Bir jip turardi va Kenan yana otamning quchogʻida edi. Hayajon bilan otilib, ularning yoniga bordim. Kenan tuzalgan, kulardi. «Juda yomon yiqildim, aka», dedi. Bu safar sevinchdan ukamning boʻyniga osilib hoʻng-hoʻng yigʻladim.

U yerga toʻplangan hamma yigʻlardi. Nima sababdan, anglamadim. Otam yetar, boʻldi, deb meni Kenandan ayirdi. Olomon «Koʻrganingiz shu boʻlsin» deb, sekin-sekin tarqaldi.

Hovliga kirishim bilan onamning koʻzi menga tushdi va qoʻllarimga ishora qilib:
— Sening qoʻllaringga nima boʻldi? — dedi.

Men ham qaradim.
— Nima boʻlibdi, nima bor ekan, — dedim.
— Xuddi yulduz toʻzoni toʻkilgandek porlayapti. Oppoq.

Olloh gunoh yozmas, deb yolgʻon gapirdim:
— Hanifa xolaning somonini tashigan edik, shundan boʻlsa kerak, — dedim.

Qaerdandir Abdurahmon paydo boʻldi.
— Ha, somon tashidik, — deya meni qoʻllab-quvvatladi u.

Hech kim bilan gaplashadigan holim qolmagan edi. Hamma qandaydir horgʻinlik bilan uyga kirdi.

Tashqarida Abdurahmon bilan ikkimiz qoldik.
— Kenan yaxshi, — dedim unga. — Hech narsa boʻlmapti.
— Bilaman, — dedi. Shahardan kelgan jipni u kutib olgan edi.

Boshimni koʻtarib Kashish togʻining ustida toʻgʻri osilib turgan yulduzga qaradim. Oʻyga toldim. Abdurahmon:
— Kech boʻldi, men ketaman, — dedi.
— Sogʻ boʻl, — dedim, — ertaga koʻrishamiz.

Abdurahmon toʻxtab qoldi, qoʻllarimga qarab soʻradi:
— Qoʻllaringga nima boʻldi?

Kulimsirab:
— Bir kun kelib tushuntiraman, — dedim.
— Soʻz berasanmi? — dedi Abdurahmon.

— Soʻz beraman, — dedim men.