OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Muxtor Magʻavin. Ikkov (hikoya)
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuxtor Magʻavin
Asar nomiIkkov (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Qozoq adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Muxtor Magʻavin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonQozoq tilidan Ulugʻbek ASROROV tarjimasi.
Hajm25KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ikkov (hikoya)
Muxtor Magʻavin

Bir koʻrgan – bilish, degan xalqimiz. Ikki koʻrgan – tanish. Bir emas, ikki emas... Oʻtgan yetti yil ichida yetmish marta koʻribdi. Ammo bilaman deb ham, taniyman deb ham ayta olmaydi. Ismi kim? Asli qaerdan? Kim boʻlgan, nima ish qilgan? Bugungi ishining ma’nosi nima? Hammasi qorongʻu. Qorongʻu ham emas, mutlaqo noma’lum. Faqat hozirgi kasbi haqidagina ozgina tasavvuri bor. Yo biznes, yo hokimiyat. Yo xoʻjayin, yo xizmatkor. Ishqilib, tinchi kamroq. Vaqti esa taqchil. Juda taqchil.

Ikkovi tasodifan uchrashishdi. Oʻshanda bir maktabda oʻqigan, oʻziga oʻxshagan beva ayol teatrga taklif qilgan edi. Chaqirdi-yu, eng soʻnggi damda oʻzi borolmay qoldi. Teatr qarshisida, chiptani qoʻliga ushlatdi-da, uzr soʻrab qolaverdi. Bu esa ancha sarosimada qoldi, beva qancha tayyorlangan, endi shundoq teatr darvozasi oldidan qaytmaydi-ku. Iloj yoʻq, jilla boʻlmasa bir pardasini koʻrib ketay deb ichkariga kirdi. Joyini topdi, oʻtirdi. Old qator, biroq sal chetroq ekan. Faqat avvalgiday, bularning yosh paytlaridagidek toʻda-toʻda xalq koʻrinmaydi. Yarmidan koʻpi boʻsh. Va kelganlarning hammasi keksa, keksa boʻlmasada oʻrta yoshdan oshib qolganlar. Yoshlar umuman yoʻq. Orkestr uyasidan skripkaning chizilgan, yana bir asboblarning uzilgan, har xil tovushlari eshitiladi, kuyini keltirib yotishibdi. Oʻtkan kunlarini, peshonasiga yozilgan, hatto, bugun ham toq qoldirgan yolgʻizligini oʻylab, koʻngli buzilib, ma’yus oʻtirgan edi,

– Kechirasiz, xonim, – degan tovush keldi qulogʻiga. – Men oʻtib ketsam...

Chiroyli, qora smoking kiygan, qotma, kapalak galstuk taqqan, oʻrta yoshlardagi gavdali erkak. Qobogʻi qalin, labi yuqa, shiddatli ekan. Ayol oʻrnidan qoʻzgʻala boshlagan edi, yana bir iltimos qildi:

– Betlashib oʻtishimiz qiyin boʻlar, bari boʻsh, oʻrtaroqqa siljisangiz...

Oʻzining xayolida ham bor edi, endi ilojsiz oʻrtaroqqa yurishga toʻgʻri keldi. Haligi erkak chap tomoniga, naq yoniga oʻtirdi. Xuddi ikkovi teatrga birga kelganday. Shu payt asta qorongʻulashdi. Ortidan sahna pardasi ochildi. Oʻsha qadimiy, eskirmas «Aida» boshlandi.

Birdan sirli ohangga aralashib dimogʻiga qimmat atir hidi urildi. Juda olifta kishi boʻlsa kerak. San’atkormi yo? Lekin yuzi notanish. Yo rejissyormikan? Balkim, konservatoriyaning professori. Koʻz qiri bilan qaradi: U koʻkish soyada tosh haykal monand qotib qolibdi. Umuman, yomon odamga oʻxshamaydi.

Ayol oʻzini juda noqulay his qildi. Birinchi sahnadan keyin ketsammi, qolsammi deb oʻtirgan edi, endi nima boʻlganda ham ketishga ahd qildi. Tasodifan birov koʻrib qolsa uyat axir. Nariroq, bir-ikki oʻrindiq siljib oʻtirish yana noqulay. Buning ustiga, bolalarning choraklik nazorat ishi. Tezroq koʻrib, natijasini chiqarish kerak. Boz ustiga mana bu kishi... Oʻz-oʻzidan qisilib, tinchi yoʻqoldi. Bir dam yuziga issiq taft urildi. Oʻsha biqinidagi erkak nafasi ekan.

– Biron joyingiz ogʻriyaptimi?

– Yoʻq... – dedi u yanada oʻzini yoʻqotib qoʻyib. – Ha... ogʻrib...

Shundan soʻng nafas olishi juda qiyinlashib ketganday edi.

Nihoyat, tantanali, dabdabali, zafarli birinchi sahna tugadi.

Ayol biqinidagi erkakka botinib qarashga ham iymanib, ikkinchi tomondan sidrilib chiqaverdi. Shoshilib pastga tushib, kiyimini oldi. Toʻxtamay tashqariga otildi.

Qalin qor yogʻib turgan ekan. Laylak qor. Qalin, yapaloq, suvli, salmoqli qor. Yer yana shilp-shilp. Olmaotaga dastlab kelgan, yoshgina qiz boʻlgan bir zamonda shunday, qish oʻrtasida hammayoq shilpillab loy boʻlib yotardi. Juda yoqimli koʻrinar edi. Yosh edi-da u paytlar. Yogʻinning oʻzi qiziq. Hozir esa bu yupanchsiz, tashvishli koʻngilni yanada ma’yuslashtirib yubordi. «Teatrda menga nima bor edi...» – deb oʻyladi. Yoʻlovchi mashina toʻxtatmasa boʻlmaydi. Sal-pal oldinga yurib, koʻchaning narigi yuziga oʻtib, yoʻl toʻsdi.

Shu paytda gʻildiraklari beoʻxshov, katta avtomobil yoniga kelib toʻxtadi. Biladi, bu – juda qimmat mashina. Yangi chiqqan katta boylargina minishsa kerak. Albatta, toʻxtagan – boyning oʻzi emas, haydovchisi. Imkon boʻlganida besh-oʻn chaqa ishlab olmoqchi. Toʻgʻri-da.

Djipmi, yoki allambalo deb ataladigan qimmat mashinaning zinasi ham juda baland ekan, eshikning tutqichini ushlab, zoʻrgʻa koʻtarildi. Mashina emas, keng saroyga kirganday boʻldi.

– Voy... – Qaddi koʻtarinki, tik oʻtirgan haydovchiga koʻzi tushganda beixtiyor ovoz chiqarib yubordi. Oʻsha, teatrdagi notanish.

– Siz ekansiz-ku... – dedi talmovsirab. – Kechirasiz... men bilmasdan...

– Bilmagan kishi mashinani qoʻl koʻtarib toʻxtatmaydi, toʻgʻri yurib ostiga tushadi, – dedi notanish qandaydir dagʻal ohangda.

– Toʻxtatganim... loygarchilik boʻlgach... uyga yetib olish niyatida...

– Qancha berasiz?

Ayol battar oʻngʻaysizlandi.

– Ellik tenge... – dedi ilojsizlikdan.

– Yaxshi, – dedi haydovchiga oʻxshamaydigan haydovchi qanoatli ohangda. – Bugungi bank hisobi boʻyicha ellik yetti tenge – bir dollar. Uyingiz uzoqmi?

– Uzoq emas... – dedi ayol battar uyalib.

Eski zamonnning aravasiday, toʻrt burchakli, ulkan gʻildirakli qimmat mashina shilpiq qorni ezgancha qoq yorib, toʻgʻri eshik oldiga kelib toʻxtadi. Ayol sumkasini axtarishni boshlagan edi, haydovchi lip etib tushdiyu, vahshatli mashinasining oldidan aylanib oʻtib, uning eshigini ochdi. Qoʻlidan qattiqroq ushlab, sekin tushirdi. Shundan soʻng sal sekinlashgan, laylak qorga kaftini yoydi. Ayol oʻzini juda noqulay sezgancha sumkasini ochib, uning bir burchidan kichkinagina, buklama hamyonini olib, ellik tengelik qizil qogʻoz ushlatdi. Haydovchi qoʻyniga qoʻl suqib, chap tomondagi ichki choʻntagidan kichikroq kitobcha shaklidagi, qalin, chiroyli hamyonini sugʻirib, ellik tengelikni ichkaridagi bir uyachasiga ehtiyotkorlik bilan soldi. Koʻchadan taralib turgan xira yorugʻda qapchiq ichidagi bir dasta shiqirlagan dollar koʻziga aniq chalindi.

– Nechanchi qavat? – deb soʻradi haydovchiga oʻxshamagan haydovchi.

– Uchinchi...

– Mashina koʻtarila olmaydi... – Tashigan kishisini uchinchi qavatga koʻtarib chiqara olmaydigan soyabonli aravadek mashina biq qildi-da, yorugʻini yigʻib oldi. – Endi oʻzim chiqarib qoʻyishimga toʻgʻri keladi. Qorongʻi, qoʻrqasiz...

Rostdan ham qorongʻi.

– Ehtiyot boʻling, – dedi ayol. – Bekor ovvora boʻldingiz. Oʻzimga tanish zinalar-ku..

Tanish zinalar juda oʻzgarib ketganday. Ikkovi uchun ham.

– Toʻrtinchi qavatga oʻtib ketmadikmi? – deb soʻradi haydovchi, ovozi gumburlab.

– Yoʻq. Mana, keldik. Hozir eshikni ochaman. Keyin chiroq yoqaman. Qaytar yoʻlingizda yorugʻ boʻladi...

Kalit shiqirlab, oshiq-moshiqlar gʻichirlab, eshik zoʻrgʻa ochildi. Ichki boʻsagʻadan yalt etib chiroq yoqildi.

– Rost, – dedi ayol. – Sizga qanday rahmat aytishimni bilmay turibman. Mashinasiz hali yurgan boʻlardim. Bu pod’ezdda... chiroq doim kuyib ketadi. Bemahalda yurmasam ham, eshik ochib, tashqariga chiqishga qoʻrqaman...

– Endi men qoʻrqib turibman, – dedi haydovchi. – Tashqari – qor, kun – sovuq. Rostdan ham rahmat aytgingiz kelsa, ehtimol, bir piyola choy berarsiz...

Ayol bu taklifni rad qilolmay qoldi. Ikkovi ham ichkariga kirib, eshik yopildi. Tashqarida – loygarchilik, tashqarida – qorongʻilik. Kapaday bir xona bilan oshxona ham issiq, ham yorugʻ edi.

Toʻsatdan...

– Sharmanda... – dedi ayol betini qoʻllari bilan toʻsib. Mana, rosa yigirma... Oʻn toʻqqiz yil boʻldi... Erim toʻsatdan vafot etgandan buyon. Oʻtgan yozda qizimni uzatdim. Boshqa shaharga. Mana endi... qirqdan oshgan paytda...

– Sen menga oʻn toʻqqizdagi yosh qizday koʻrinding... – dedi erkak.

Ayol yana yuzini yashirdi.

– Sharmanda boʻldim... Mutlaqo esimdan chiqib ketgan narsa...

– Sezishimcha, sen hech qachon boshlab ham bilmagansan... – dedi erkak.

– Nimaga? – dedi ayol hayron boʻlib.

– Tozasan, – dedi erkak. – Top-tozasan. Ustingdan chivin uchib oʻtmagan kabi.

Ayol gap ma’nosini yaxshi tushunmagan boʻlsa-da, oʻsha tortinchoq holicha, erkakning keng gavdasiga suykalib, pinjiga tiqilibroq yotdi.

– Boʻlar ish boʻldi, – dedi erkak. – Avvalgi gunohimni yuvish uchun... yana bir marta...

– Ismingiz kim? – deb soʻradi ustiga eskiroq, yengil xalatgina yopinib olgan, oʻzini yoʻqotib qoʻyganidan qizarib turgan ayol.

– Mening ismim... Haydovchi, – dedi kiyinib, ketishga taraddudlangan, erkak. – Sening isming – Navnihol. Koʻp bilgan tez qariydi. – Uning jiddiy yo hazil gapirayotganini bilib boʻlmasdi.

Haydovchi biroz noqulay ahvolga tushib, sal egildi-da, eshikka qarab yuzlandi. Ostonada ortga qayrildi:

– Telefon... Yaxshi, – dedi soʻngra. – Qoʻlim boʻshaganda xabarlashib turaman.

Shu boʻyi bedarak ketdi. Roppa-rosa toʻrt oy. Bahorda qoʻngʻiroq qildi. Bu oʻsha haydovchi-ku. Uydamisan, yolgʻizmisan? Uyda. Albatta, yolgʻiz. Hozir boraman dedi. Ayol atrofini saranjomlab ham ulgurmagan. Yarim soat, oʻn besh-yigirma daqiqa emas, kelar damda, balkim ikki, balkim, uch daqiqada. Mobil telefondan xabarlashibdi. Toʻgʻri eshikning oldidan. Mashina esa... nariroqda qoldirgan shekilli. Ayol derazadan qarab tursa-da, yaqin atrofdan koʻra olmadi. Uyat boʻlar edi-ku. Qoʻshnilar gapirishmaydimi. Qanday mashina, nimaga yuribdi, kimga keldi deb. Hammasi rus boʻlsa ham. Hech biri bilan aralashmasa-da. Shuning oʻzi… odam eshitmagan firibgarlik kabi. Oʻtdi, ketdi, tugadi deb oʻylagandi. Endi mana boshidan sovuq suv quyganday. Qoʻngʻiroq bir qisqa, bir uzun jiringlaganda uning vujudini oʻt chirmaganday boʻldi. Eshikni hovliqqancha ochib, shoshilib yopdi. Tez-tez nafas ola boshladi. Erkak chiroyli va ixcham kiyinibdi. Ehtimol, chet elniki, bichimi ham, boshqasi ham oʻzgacha kiyimlar. Qirov oralagan qaysar sochi qisqa kesilgan. Qalin qosh ostidagi qora koʻzlari kulimsirab turadi. Ayol esa… ozgina noqulaylik, koʻproq quvonch. Birdan choy qoʻymoqchi boʻlgan edi. Vaqt yoʻq dedi. Shu toʻrt oy ichida bir soat boʻsh vaqt topmadim. Albatta, unutganim yoʻq. Toʻrga oʻtar-oʻtmasdan shoshilinch yechina boshladi. Shumshayib turib qolgan ayolni ham belidan quchib, boʻynidan yengil oʻpdi-da, oʻzi yechintirdi. Bir piyola choy ichguncha vaqt oʻtgach, shoshila turib, chala-chulpa yuvinib, xayr-xoʻsh aytishga ham holi kelmay, yugurib pastga tushib ketaverdi.

Kelasi safar juda uzoq ketmadi. Oyga yetmay xabarlashdi. Qoq tushda keldi. Ayol uyda, kun yakshanba edi. Erkakning ham favqulodda bir dam olishi boʻlsa kerak, ikki soatcha vaqtim bor dedi.

Tanish-notanish, soʻqqabosh umr shunday davom etaverdi. Sal-pal koʻnikish demasak, ilk uchrashgan kundan farqi yoʻq. Ayolning bor tushungani – erkak burun musiqa maktabida yoki opera teatrida xizmat qilgandek. Xavotirsiz, tinchgina tirikchiligi oʻtib yotgan. Oxir-oqibat, omadi chopibmi, har qalay, toparman-tutarmanga aylangan. Hozir juda boyga oʻxshaydi. Ammo halovati yoʻq. Ola-suron, tapur-tupur. Tinimsiz kurash. Avvallari kelgan damda mobil telefonini oʻchirib tashlar edi. Endi bosh tomoniga qoʻyadi. Bir safar juda noqulay vaziyatda jiringladi. Oldi. Nafasi uzilib, unsiz eshitib turdi-da, soʻkib yubordi. «U oʻzidan ketmasin! – deb boʻkirdi, – hamma narsaning oʻz chegarasi boʻladi. Shusiz ham ortigʻi bilan olib yotibdi…» Shundan soʻng sal hovuridan tushdi. Ozgina eshitib turgach: «Kelasanlar… Biroq… aytganing tugal emas!..» – dedi-da, hammasi tugaganday, agʻdarilib tushdi. Ozgina unsiz yotib, shu unsiz holicha kiyinib, chiqib ketdi.

Yana bir safar juda koʻtarinki kayfiyatda keldi. Birdan bosh solmay, avval yarim piyola choy ichdi.

– Shu biz qovushganimizga qancha vaqt boʻldi? – deb soʻradi.

– Siz shuni… qovushish deb oʻylaysizmi?...– dedi ayol beixtiyor.

– Menimcha, qanday atalsa ham ajoyib. Men… bor dardimdan xalos boʻlib qaytaman. Bilasanmi, tor dunyodagi bor tashvishlar boʻyimdan sidirilib tushadi… Shuning uchun ham sendan voz kecha olmayman. Balki… ikkovimizda allaqanday bir oʻxshashlik bor. Tabiat, yaralishda. Ehtimol, ertaroq uchrashganda, joni ham, tani ham birlashgan, ahil-inoq yorlar boʻlarmidik…

– Uy olsang boʻlmaydimi, – deb soʻrab qoldi u. – Ikki xona. – Vaqting boʻlmasa, men oʻzimizning yigitlarga topshirayin. Borasan, koʻrasan-da, yashayverasan.

Ayolning koʻzi qinidan chiqquday boʻldi.

– Odamlarga qaysi pulimga oldim deb aytaman?.. Yoʻq, keragi yoʻq. Ikki xonani nima qilaman, – soʻngra qoʻshib qoʻydi: – Narxining oʻzi ajabtovur boʻlsa kerak…

Erkak kuldi.

– Men senga… sovgʻa qilmoqchi edim…

– Rahmat… chin sovgʻa qilgingiz kelsa… koʻp uzamay qoʻngʻiroq qilib turing…

– Senga qoʻngʻiroq qilsam… sabrimdan ayrilaman, – dedi erkak. – Hatto, ertaga, ertagamas, biron soatdan soʻng boraman deb oʻylasam, toqatim ketadi. Bir-ikki marta shunaqa boʻldi. Xabarlashgandan soʻng orqama-orqa kelishim kerak… Men seni hech qachon unutmayman. Har doim yodimda yurasan. Faqat vaqtim taqchil. Shusiz ham sal boʻshab qolsam, avvalgiday teatrga emas, sening oldingga kelgim keladi.

Ayol umrida bunaqa soʻz eshitmagan edi. Uyatdan qizarib, bir dam jim turdi. Soʻngra rostini aytdi.

– Men... siz bilan uchrashgandan buyon juda oʻzgardim. Oʻylab koʻrsam... avvallari, shunchaki jinsim ayol ekan. Siz menga... Oʻzimning kim ekanligimni anglatdingiz. Men ayol sifatida... avval koʻrmagan, bor deb bilmagan rohatga belandim. Muhabbat... buyuk soʻz. Tan lazzati. Uyat boʻlsa ham... men bilmayman, kelajakda qanday yashashimni. Siz meni... buzdingiz... – Yoʻq, – deya soʻngra qoʻshib qoʻydi, – siz boʻlmaganingizda men dunyoning rohatini koʻrmay ketar ekanman. Shuning uchun rahmat.

Erkak unsiz eshitib, oʻylanib oʻtirib qoldi. Soʻngra ayolning iyagini koʻtarib, lablaridan yengilgina boʻsa oldi. Ehtiros bilan quchoqlab, erkalay boshladi. Shu paytda telefon jiringlab qoldi. Yaxshi xabar shekilli. Erkak jimgina eshitib turdida, «Xoʻp, Navnihol, ketdim», – dedi, quvnoq ohangda.

Oʻsha safar kichkinagina yozuv stolining ustiga bir dasta... pul tashlab ketibdi. Kuzatib qoʻygandan keyin koʻrdi. Pul boʻlganda ham – dollar! Yap-yangi, faqat yuztaliklar. Sirtidagi, bank muhri bosilgan bogʻlamida yozilgan – rosa oʻn ming! Choʻntagidan yana bir narsalar bilan qoʻshib chiqargan boʻlsa, unutib qoldirgan. Hozir qaytib keladi. Kelmadi. Vaqti yoʻqdir. Endi ayol aqlga sigʻmaydigan koʻp pulni qaerga qoʻyishni bilmay hayron. Uyga oʻgʻri tushsa nima qiladi. Hech xayoliga kelmagan ekan bu fikr. Aslo xavf sezmagan edi. Nimani ham oʻgʻirlaydi deb oʻylagan-da. Endi buncha pul. U yoqqa yashirib, bu yoqqa yashirib nihoyat joy topdi. Oʻtgan yildan qolgan eski darsliklar bor edi. Ulardan birining oʻrtasini toʻrt burchak qilib oʻyib, oʻn ming dollarni bir butun holda soldi. Ostki, ustki bir qancha betlarini birlashtirib yelimlab, kitobni koʻrinishidan avvalgi holiga keltirdi. Shundan soʻng ish stolining tepasiga, devorga mixlangan kitob javonidagi eski darsliklar, hikoya va she’r kitoblar orasiga joylashtirib qoʻydi. Nazarida, juda yaxshi yashirgandek boʻldi. Ammo endi u halovatini yoʻqotgan edi. Yuragida mudom xavotir. E, Xudo yuz mingli, millionli boylar qanday uxlar ekan. Toʻgʻri, buncha koʻp pulni bankka solib qoʻyishadi. Biroq, bankning oʻzi tunalib qolishi mumkin-ku. Yoki qandaydir bir kitoblarda yozganidek, bankrot boʻlib... Oʻsha kuni uyqusi chala boʻldi. Maktabda ham ishining barakasi boʻlmadi. Saboqlarini oʻtib, soʻngra aksiga olib bugunga toʻgʻri kelgan sinf majlisini chala-chulpa oʻtkizib, uyga oshiqdi. Ellik tenge toʻlab taksi bilan zumda yetib keldi. Uf... Hammasi oʻrnida, buguncha omon ekan. Koʻngli joyiga tushdi. Birozdan soʻng yana xavotir ola boshladi. Xuddi shu payt telefon jiringlab qoldi. Albatta, Oʻsha!

Kelgan zahoti... Ha. Ayol pulning joyini aytib ulgurgan edi.

– Seniki, – dedi erkak. – Keragingga ishlataver. Koʻp? Pul degani hech qachon koʻplik qilmaydi. Qanday tugab qolganini oʻzing ham bilmay qolasan. Bir chetidan foydalanaverish kerak. Dastlab yengil-elpi, u-bu jihoz ol. Soʻng chiroyli, qimmatbaho xalat.

Ayol hech qanaqa jihoz olmadi. Hojati yoʻq edi. Odmigina qora xalat oldi. Oʻz puliga. Ikki oy boʻyi anchagina tejashga toʻgʻri kelgan. Koʻp pulni esa... boshqa bir joylarga yashirdi. Xavf bor, ammo avvalgiday emas. Ehtimol, oʻziniki, bir qadar oʻziniki sanagani uchundir. Qancha majburlasa ham egasi olmagandan keyin shunday hisoblay boshlagan edi. Qaysidir romanlarda oʻqigani bor edi. Qadimgi boylar shunaqa qilib xushtor ushlashar ekan. Hashamatli saroyga oʻtirgʻizib, turli lash-lushlarga, zeb-ziynatlarga koʻmib qoʻyadi. Sharmanda. Men unaqa emasman deb oʻyladi. Soʻraganim yoʻq. Olmasa nima qilishim kerak. Janjal qila olmaydi-ku. Oʻzi begona, notanish erkak...

Begona, notanish erkak avvalgiday kelaverdi. Haftada bir. Oyda bir. Ikki-uch oy yoʻqolib ham ketar edi. Bir safar rosa yarim yil xabarsiz ketdi. Azob edi. Kutish emas. Ayol kutib oʻrgangan. Azob – telefon jiringi. Odam boʻlgandan keyin, tanish-bilish, xizmatdosh, yaqin-yiroqlar, olisdagi yolgʻiz qiz – har qalay allakimlardir xabarlashmay turmaydi. Telefon jiringlaganda ayolning yuragi shuv etib ketadi. Albatta, boshqa. Yana jiring – yana shuv... Yana boshqa. Hafta boʻyi. Nihoyat umid uzilganda, yoki, kutilmagan damda – Oʻzi! Shundan soʻng bir hafta, yoʻq, ikki-uch kun xotirjamlik. Yoqimli tinchlik. Uchinchi, toʻrtinchi kun... Yana azob. Besh, yetti, oʻn, oʻn ikki... kun oʻtadi. Bir umrlik yetim toʻshak oʻz odatini topadi. Tul koʻngil qolipiga tushadi. Roppa-rosa oʻn toʻqqiz yil boʻyi xotirjam yashadi-ku. Aqlidan adashmadi. Bir maromdagi umr karvoni oʻtib yotgan edi. Hozir ham... hafta oʻtar, oy yangilanar koʻnikkan tirikchilik soʻqmogʻiga tushar edi. Tusha boshlar edi. Shu vaqtda... jonga azob beruvchi telefon! Albatta, boshqa birov. Oʻzi boʻlishi ham mumkin-ku. Yana umid uygʻona boshlaydi. Kun sayin. Hafta boʻyi. Oy davomida. Eng qiyini shu ekan. Bir safar telefonni ikki kun oʻchirib ham qoʻydi. Shunda... boshqalar bilan birga uning ham qoʻngʻiroq qilish ehtimoli bor-ku. Balkim, bir necha marta qoʻngʻiroq ham qilgandir. Uyini almashtirdi deb oʻyladi. Qaylargadir ketdi, bir yoʻla ketdi deb oʻyladi. Endi aslo xabarlashmasligi ham mumkin. Rostdan ham. Ikki kun davomida tinimsiz qoʻngʻiroq qilgan. Qancha izlagan. Lekin... izlamabdi. Qanday yaxshi. Telefonni qaytadan qoʻshish azob ekan, oradan yarim soat oʻtmay topila qoldi. Mana, quvonch! Mana, baxt!

Yana ikki-uch kun xotirjamlik. Shundan soʻng jon azobi qayta boshlanadi.

Shu tariqa, bilmagan bilish, tanimagan tanish umr naq yetti yilga davom etibdi. Ayol qirq toʻqqizga keldi. Biroq lofi yoʻq, rosa oʻn besh yilga yosharganday. Oʻzini oʻttizdagi holidan koʻra sergakroq his qilar edi. Yosh umri qaytib kelmasa-da, yaxshi bir kunlarni boshdan kechiribdi. Erkak esa – aksincha. Sochlari butkul oqarib ketgan edi. Ancha vazmin boʻlib qolgan. Yuzi ham soʻlgʻin. Koʻpincha charchab keladi. Oʻzini qancha xursand koʻrsatishga urinmasin, baribir ich-ichidan kayfiyati yoʻqligi sezilib qolardi. Mobil telefondagi suhbatlar ham juda keskin. Koʻpincha buyurib emas, oʻtinib gapiradi. Hatto bir safar juda sekin gapirib, yalinish ohangiga ham koʻchdi. Uch hafta muddat soʻradi. Bir narsa yetmay, bir narsa kechikib yotibdimi, ishqilib kutilmagan dilxiralik. Ustki kiyimini hozirgina yechgan edi. Darhol qayta kiyinib, biron soatdan soʻng qayta kelaman dedi-da, boshi xam holda chiqib ketdi. Bir soat emas, bir hafta emas, bir oyda zoʻrgʻa xabarlashdi. Kelgan. Odatdagiday boʻlmasa-da, sogʻinib qovushishgan. Soʻngra sarosimalanib bir piyola choy ichdi. Choy icha oʻtirib, taksi chaqirtirdi. «Mashina buzilib qoldi...» – degan, oʻzidan-oʻzi kechirim soʻraganday.

Kamida yana biron oyga ketdimi deb oʻylagan edi. Uch kundan soʻng xabarlashdi. Sirtqi eshik yopilishi zahoti oʻzida yoʻq odatga koʻra, ayolni bir qoʻli bilan belidan quchoqlab, bir qoʻli bilan sochlarini silab, unsiz turib qoldi. Yotoqxonaga emas, oshxonaga tomon yurdi. Kichkina stol boshiga kelib suyanchiqsiz oʻrindiqqa oʻtirar ekan choy-poy kerak emas deganday, qoʻlini siltadi. Soʻngra biron joyi ogʻrib, qattiq qiynalganday, yuzlari soʻlgʻin holda, yerga qarab, sokin ovoz bilan:

– Navnihol! – dedi. – Sen yetti yil boʻyi mening jonimga xotirjamlik baxsh etding... – Tomogʻiga nimadir tiqilganday, bir xoʻrsinib oldi. – Albatta, men... seni hamma tomonlama ta’minlashim kerak edi...

– Bu nima deganingiz... bu nima deganingiz... – dedi ayol bir yomonlikni koʻngli sezib.

– Shunday qilish kerak edi, – dedi erkak yana xoʻrsinib. – Dunyo bir qolipda turaveradi deb oʻylabmiz. Biroq... Hamon umid yoʻq emas. Ehtimol, qayta aynalib, hammasi oʻrniga tushar. Sen meni kechir, mehribonim...

Ayolning koʻzidan tirqirab yosh oqib ketdi:

– Nima boʻldi, ogʻajon, nima boʻldi?

– Hammasidan ayrildim...

– Bosh omon-ku, bosh omon-ku...

– Hozircha omon. Biroq... kimga kerak.

– Unaqa demang. Unaqa demang. Bundan oʻn yil oldin shu ayrilgan narsalaringizning birontasi ham boʻlmagan edi-ku! Boʻlgan yoʻq. Oʻzi bergan Xudoyim oʻzi oldi!

– Shunaqami? – Erkak qandaydir yangilik ochganday, shalviragan boshini qayta koʻtarib, ayolga tik qaradi. Soʻngra yana shalvirab tushdi. – Biroq u paytlarda yosh edim... Boshim ozod edi-da. Endi... boshim savdoga tushib turibdi. Oʻzimni ehtiyot qilishim kerak. Menda esa... – Erkak achchiq kinoya aralash kuldi. – Kuni kecha oltin pulni supirib olgan menda hozir yoʻl kiraga ishlatadigan koʻk tiyin ham yoʻq! Hech boʻlmaganda, biron ming dollar boʻlsa, hushyor oʻljaday, yashirinib turar edim. Mana, chuv tushib, ado boʻldi degani shu. Ertaga – turmada oʻtiraman!..

– Oʻtirma, ogʻajon, – dedi ayol jon holatda. – Pul bor. Mana, hozir. – Surina-turtina ichkari uyga yugurdi. Nimanidir qoʻporib, nimanidir agʻdarib, hovliqqancha qayta keldi. – Mana! – dedi qoʻlidagi yoʻl-yoʻl daftar qogʻoziga oʻralgan uzunchoq, toʻrt burchakli tugunni erkakning qoʻliga berar ekan. – Mana! Bir paytlar, bundan besh yil avval tashlab ketgan oʻzingizning pulingiz! Bir tiyini ham yoʻqolmasdan, oʻz holicha turibdi!

Erkak tugunni qoʻliga olib, sirtidan siypalab, oʻrovini ochar ekan, yuzini bosib egildi-da, hoʻngrab yigʻlab yubordi.

– Sen... sen...

Tomogʻiga yosh tiqilib, hech narsa ayta olmadi. Shu holicha yana ozgina oʻtirdi. Shundan soʻng boshini ilkis koʻtardi. Koʻzi qurgʻoq. Alang-jalang qilib yon-veriga qaradi. Pulni qoʻyniga tiqib, yana nimadir izlaganday ichki uyga kirib chiqdi.

– Hammasi oʻsha-oʻsha-ku? – deb soʻragan keyin. – Men hali... hali koʻrsataman ularga! – Soʻng birdan muloyimlashdi. – Omon boʻl! – dedi koʻzi yoshlanib. – Ehtimol... qaytib kelarman. – Eshikka qarab yurar ekan, yana toʻxtadi. – Qancha noqulay boʻlsa ham, sendan kechirim soʻrab ketmoqchi edim. – Qaytadan qoʻyniga qoʻl solib, yopishib qolgan hamyonini sugʻurdi. – Mana bu – huv oʻsha ellik tengelik... Sen yoʻl haqiga toʻlagan. Ezgu ishning elchisi sifatida mudom yonimda saqlar edim. Senda boʻlsin. Yoʻqotib qoʻyma. – Keyin zoʻraki jilmaydi. – Ikki-uch yildan soʻng, mana bundan... – boʻynini koʻrsatdi, – ikki-uch hissa, yarim qop yashil qogʻozga qayta sotib olaman...

– Koʻcha qorongʻi... Men eshikni ochib turaman, ehtiyot boʻling, – dedi ayol.

Zinadagi oyoq tovushlari sekin-asta tingach, ayol eshikni yopdi. Ikki marta burab, ikki qulfni ham mahkam berkitdi. Qoʻlidagi qizil qogʻozga qarab biroz turib qoldi. Xuddi oʻzi. U olganda bir cheti salgina yirtiq edi. Kichkinagina yaltiroq qogʻoz bilan yopishtirib yelimlab qoʻyibdi. Oʻsha holida turibdi.

Ayol oʻtgan kunlarni – keyingi yetti yillik umrini emas, oʻsha umrga yoʻl ochgan dastlabki kun, dastlabki daqiqani esladi. Ellik yetti tenge – bir dollar degandi. Hozirgi bir dollar – yuz ellik bir tenge. Uch hissa tushgan. Ellik tengening oʻziga ikki dona non sotib olish mumkin. Navbatdagi maoshgacha uch kun bor. Choy bilan ichib oshqozonni aldashga ikkita non ortigʻi bilan yetadi.

Xuddi shu payt telefon jiringlab qolgan. Ayol shoshilmay, sarosimaga tushmay, azoblanmay shaxd bilan goʻshakni koʻtardi. Hamkasblaridan biri ekan. Ikki-uch kunga yuz tenge qarz soʻraydi. Ayol beixtiyor kuldi.

– Hozir kerakmi?

– Ertaga darsga kelganda...

– Ellik tenge bor, – dedi ayol vazmin ovoz bilan. – Oʻrtasidan qoq boʻlsak, ikkovimizga ham yetadi...

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 7-sonidan olindi.