OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuyassar Tilovova
Asar nomiBurgutlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muyassar Tilovova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Burgutlar (hikoya)
Muyassar Tilovova

Yarim soatcha oldin bahor yomgʻiri toshlar yuzini yuvib oʻtgan. Quyuq oʻtloqdagi maysalar bargida yomgʻirning marjon-marjon zarralari yiltirab turibdi. Ertalabdan beri qoʻrada qamalib, ochiqqan qoʻy-echkilar yaylovga yoyilib ketdi. Koʻkatlar nam boʻlgani uchun bobom bilan katta xarsangning ustiga oʻtirib, ularni kuzatyapmiz. Tepamizda — juda balandda burgut kichik qora nuqtaga oʻxshab, qanot qoqmay aylanadi. Uning parvozi xuddi tiniq osmon bagʻridagi ulugʻvor raqsga oʻxshaydi.

Bobom hadeb tepaga tikilaverganidan boʻyni tolib ketdi, shekilli, qoʻllarini boshining orqasiga qoʻyib, chalqancha yotib oldi. U Magʻrurga qaragan payti hatto kiprik ham qoqmaydi. Magʻrur — bu bizning togʻlarda yashaydigan katta ona burgutning nomi. U endi uchishni oʻrganib, osmonda koʻrina boshlagan paytlarda bobom shunday atagan ekan. Keyinchalik qishloqdagilar ham uni shunday deb aytadigan boʻlishdi. Chunki vaqt oʻtib, u chindan-da navqiron, yovqur, togʻlarning haqiqiy hukmdoriga aylangandi.
— Qara, oʻz sarhadlarini himoya qilyapti, — dedi bobom burgutdan koʻz uzmay yotarkan.
— Nima? — dedim bobom tarafga oʻgirilib.
— Burgutni aytyapman. Osmondan turib, uyini qoʻriqlayapti.
— Bobo, unga bunday qilishning nima keragi bor?
— Qishloqdagilar Magʻrurni polaponlagan deyishyapti. U chindan ham bolalagan. Chunki shu paytgacha bunchalik sergak boʻlmagan. Bolalaganda u juda hushyor boʻladi. Odamlar oʻzlaricha u haqda qoʻrqinchli gaplarni toʻqib tashlagan. Aslida, u juda beozor qush. Lekin bolalarini hammadan qizgʻanadi. U — haqiqiy ona.

Bobomning shunchalik toʻlqinlanib gapirishi meni sehrlab qoʻydi. Uning burgutlar haqidagi hikoyalarini ming martalab eshitganman. Hammasi bir xil-u, lekin baribir qiziqarli. Keksayib qolgani uchun ba’zida aytayotgan hikoyasining davomini esdan chiqarib qoʻyadi. Men ataylab oʻzimni bilmaganga olib, uning nima bilan tugaganini soʻrayveraman. Bobom oʻylay-oʻylay, nihoyat kalavaning uchini topib, tagʻin soʻzlay boshlaydi.
— Bobo, har bir togʻda bittadan burgut yashaydimi?
— Yoʻq, ular koʻp boʻladi. Ilgari bizning togʻlarda ham Magʻrurning ajdodlari koʻp edi. Osmonda hozirgidek bitta emas, uch-toʻrttasi uchib yurardi. Keyin odamlar ularni ovlashdi. Nasli toza togʻ burguti boʻlgani uchun hayvonlar bogʻiga deb olib ketishdi, tsirkkami deb olib ketishdi. Ulugʻ burgutlar naslidan faqatgina shu Magʻrur qoldi.

Bobomning qorachiqlarida allanechuk achinish, afsus va birozgina armon bor edi.
— Burgutning uyi qaerda? — soʻradim.
— Anigʻini hech kim bilmaydi. Ular uyini odamtopmas choʻqqilar bagʻriga qurishadi. Burgutning burgutligi ham shunda. Hech kimni tan olmaydi. Hech kim bilan kelishmaydi. Yolgʻiz va magʻrur hayot kechiradi. Shu hayoti deb koʻplari qirilib ketdi.
— Uning uyini topishni xohlarmidingiz?

Bobom ogʻir xoʻrsinib qoʻydi:
— Esimni taniganimdan beri faqat shuni orzu qilaman. Otam rahmatli burgut makonini bilardi. Lekin uning qaerdaligini hech kimga aytmay, oʻzi bilan qabrga olib ketdi. U odamlarni burgutga ozor berishini istamasdi. Shuning uchun menga ham aytmagan. Lekin bilganimda ham foydasi yoʻq.
— Nimaga?
— Chunki otam taniydigan burgut oʻzidan nasl ham qoldirmay, oʻlib ketgan. Ammo bu quruq gap. Magʻrur uning avlodi. Xuddi otamning burgutidek oʻktam. Odamlarda gʻalati odat bor. Kimning burguti boʻlsa, oʻsha omadli emish. Burgutning uyini otamdan kimlar soʻramadi deysan? Lekin otam hech kimga aytmadi. Eh-he, qancha burgut ovlari uyushtirilgan... Ularni xuddi chumchuqdek otganlarini koʻrganman. Yerga qulaganda ham to jon bermagunicha oʻzlariga hech kimni yaqinlashtirishmasdi.

Bobom qoʻllarini e’tiborsiz silkib qoʻydi. Bu, albatta, norozilik edi.

Kun tushdan ogʻa boshlaganda burgut gʻoyib boʻldi. Osmon bulutlashib, havo ayniyotgandi.
— Jala boʻladiganga oʻxshaydi. Qoʻylar chaqmoqdan hurkib ketmasin, qishloqqa qaytamiz, — dedi bobom.

Biz qanchalik shoshilmaylik, baribir, ulgurolmadik. Chaqmoq chaqib, momaqaldiroq gumburlay boshladi. Yomgʻir sharros quymayotgan boʻlsa-da, har holda, maydalab yogʻayotgan edi. Podani haydab kelarkanmiz, qoʻraga yaqin qolganda, yigirmatacha echkining yoʻqligini payqadik.
— Oʻtlab ketibdi-da jonivorlar. Hali yaylovdan uzoqqa ketmagan. Men izlab kelaman, — deya ortiga burildi bobom.
— Men ham siz bilan.
— Yoʻq. Sen qolganlarini olib ketaver. Tagʻin ular ham hurkib ketmasin.

Men noiloj bobomning aytganini qildim.

Qoʻylarni qoʻraga qamab boʻlganimizda shom tushgandi. Yomgʻir kuchayib, tund havo boʻlganidan qorongʻi tez tushdi. Ammo bobomdan haliyam darak yoʻq. Zaminga tun choʻkdi. Hamma xavotirda, bobom kelmayapti. Buning ustiga, juda izgʻirin, bobomning egnida esa yengil yaktakdan boshqa narsa yoʻq. Otam va akalarim yaylovni bir necha marta aylanib, bobomni topolmay kelishdi. Otam nima qilishini bilmay, qishloqning baquvvat ikki yigitini olib, dara tomonni izlab kelishga shaylanayotgan ham ediki, koʻcha boshidan echkilarning ma’ragani eshitildi. Hamma otilib chiqdi. Adashgan echkilarimiz bilan izma-iz bobom ham kirib keldi.

Uning ahvoliga qarab boʻlmasdi. Sovuqdan koʻkargan lablari pir-pir uchardi. Ammo negadir yaktagini yechib, qoʻliga olgan, uni yomgʻirda kaftlari bilan pana qilardi.

Xavotirdan yuragi yorilayozgan otam bobomga qarab baqirib yubordi:
— Ota, ketsa-ketar edi echkilar. Shunday havoda izlab, sizga zarilmidi?

Bobom hech kimga e’tibor bermay, qoʻlidagi narsaga mehr bilan tikilarkan:
— Men Magʻrurning uyini koʻrdim. Qora choʻqqida ekan. Uni qanday ustalik bilan qurganini koʻrsang edi! Naq tik qoyaning bagʻrida, — dedi.

Magʻrurning nomini eshitib, hamma bobomga «yalt» etib qaradi.
— U ikkita polaponlabdi. Ikki buyuk burgut nasli. Oʻzi shunaqa, nasli tozalar kam polaponlaydi.

Bobom yaktagini avaylab ochdi. Orasidan tovuqdan sal kichikroq burgut bolasi chiqdi. U hali ucholmasdi. Faqat qanotlarini pitirlatardi, xolos.
— Burgut bolasi-ku, — otam uning tumshugʻini siladi.

Burgutcha toʻsatdan otamning barmogʻini choʻqib oldi.
— Koʻrdingmi, bu Magʻrurning avlodi. Haqiqiy togʻ burguti. U odamlarni tan olmaydi, — dedi bobom choʻchib qoʻlini tortib olgan otamga.

Soʻng patlari hurpaygan polaponchani silab qoʻydi.
— Echkilarni qidirib yurganimda koʻrib qoldim. Baxtimga Magʻrur sezmay qoldi.

Kiyimlarini almashtirgach, juda charchagan ekanmi, qotib uxlab qoldi.

* * *

Ertalab barvaqt uygʻondim. Derazadan qaraganimda bobom hovlida osmonga tikilib, u yoqdan-bu yoqqa yurardi. Oldiga yaqinlashib, osmonga qarasam, uyimiz ustida Magʻrur uchib yuribdi! Lekin nimadaidir bezovtalangandek har zamonda qanot qoqib qoʻyadi.
— Bilibdimi? — dedim xavotirlanib.

Bobom kelganimni sezdi, shekilli, menga qaramay ham javob berdi.
— Ha. Jonivor juda sezgir boʻladi-da. Ammo polaponini bermayman. Qariganimda Xudo menga burgut ato qildi. Uni Magʻrurdek voyaga yetkazaman, — deya bobom qandaydir qaysarlik bilan soʻzlardi. Soʻng osmonga qarab gapida davom etdi: — Hozircha sen narigi bolangni katta qil. Bunisidan xavotirlanma, uni asrashga soʻz beraman, Magʻrur!
— Bobo, nimaga uning ikkita bolasini ham olmadingiz?
— Burgutlar juda qasoskor boʻlishadi. Agar ikkisini ham olib kelsam, Magʻrur bizni tinch qoʻymasligi aniq. Hozir qolgan bitta bolasi uchun oʻzini oʻtga-choʻqqa urmaydi. Lekin, qara, shundayam topib kelibdi.

Oradan bir oycha vaqt oʻtdi. Polaponga yaxshi sharoit yaratib berdik. Uning erkin yashashi uchun kattaroq qafas yasatdik. Burgut bolasi ham ancha oʻsdi. Qafas torlik qilgach, kattarogʻini yasattirdik. Lekin bobom uni tashqariga kam olib chiqardi. Magʻrurdan qoʻrqardi. Magʻrur ham shu vaqt ichida tepamizda aylanishni biror kun kanda qilmadi. Ora-sirada juda qoʻrqinchli qichqirib qoʻyardi. Uning ovozida burgutga xos vahima, buyuklik, lekin ojizgina ona allasiga oʻxshash mung bor edi. Bobom Magʻrurning bolasiga «Buyuk» deb nom qoʻydi. U chindan ham onasiga quyib qoʻygandek oʻxshardi. Faqat jussasi hali kichkina.

Bir kuni otam bilan amakim Buyukni tashqariga olib chiqishdi. Bobomdan ochiq havoda biroz tursin, deb ruxsat olishgandi. Bu har kungi odat boʻlganidan bobom rozi boʻldi. Oradan bir soatcha vaqt oʻtib, men hovliga chiqdim. Lekin hech narsaga tushunmadim. Hovli oʻrtasida qafasga solingan Buyuk yolgʻiz turardi. Kattalar uni unutibdi chogʻi. Men ichkariga kiritib qoʻyish uchun Buyuk tomonga yurdim. Ammo kimningdir qoʻllari meni qoʻyib yubormadi. Oʻgirilib qarasam: amakim. U kishi koʻrsatkich barmogʻini labi ustiga qoʻyib, «jim» ishorasini qildi. Tushunmasam-da, jim boʻldim. Shu payt koʻzim osmondan shiddat bilan pastlayotgan qora koʻlankaga tushdi. Avvaliga nimaligini ilgʻamadim. Biroq keyin... U Magʻrur edi. Sezdim, u bolasini olib ketmoqchi. Barchasi tez sodir boʻlayotganidan tushunarsiz edi. U panjalari bilan qafasga tashlandi. Buyuk ketdi, deb oʻyladim. Lekin bunday boʻlmadi. Magʻrur endi koʻtarilganida ustiga qaerdandir toʻr tushdi. Toʻr ham uning toʻrt tomonini chirmab tashladi. Samoda haqiqiy jang ketayotgandi. Magʻrur oʻralib qolgan qanotlarida uchish ogʻir boʻlsa-da, harakat qildi. Buning ustiga, qafasdagi Buyuk ham uning olislashiga toʻsqinlik qilayotgan edi. Agar toʻrning bir uchi otam va amakimning qoʻlida boʻlmaganida, u ancha uzoqqa keta olardi. U shunday boʻlsa-da, harakat qildi. Oʻzini charchaganday koʻrsatib, biroz pastlar, yerga yetay deganida, yana zoʻr berib qanot qoqardi. U taslim boʻlmoqchi emas. Bu unga xos xislat. Men bu jangdan karaxt boʻlib qoldim. Magʻrur ayanchli qichqirdi. Hech qanday yordam yoʻqligini bilsa-da, u nimagadir iltijo qildi. Oʻsha payt esimda qolganini hisoblasam, yarim soatdan ortiq jang boʻlibdi.

Nihoyat, u gursillab yerga quladi.
— Bobo, bobojon, Magʻrur... — degancha men ichkariga yugurdim.

Uxlayotgan bobom choʻchib koʻzlarini ochdi. Men qoʻllaridan tortib tashqariga imladim. U kishi munkillab yugurdi. Tashqarida toʻrga oʻralib, ayanchli ahvolda yotgan Magʻrurni koʻrib, boʻshashganidan devorga suyanib qoldi.
— Ota, bobomning mazasi yoʻq.

Ular qilayotgan ishlarini tashlab, biz tomon yugurishdi.
— Ota, xavotirlanmang, Magʻrur tirik.
— Ahmoq, pastkash...

U oʻzini oqlayotgan amakimga nafratlanib qaradi.

Soʻng bobomning nafasi tiqilib, gapirolmay qoldi. Ogʻziga suv tomizib, oʻziga keltirishdi. Keyin mazasi boʻlmay yotib qoldi. Otam va amakim «Magʻrurni qoʻyib yubordik», deb bobomni aldashdi. Aslida, uni katta qafasga solib, amakimnikiga olib ketishganini men bilaman. Lekin buni bobomga aytolmayman. Chunki shundogʻam ogʻir ahvoli battar yomonlashadi. Uning Magʻrurni qanchalar yaxshi koʻrishini bilaman. Hatto ba’zan bobom va burgutning umri bir-biriga bogʻliqday tuyiladi. Doim bobom bilan Magʻrur bizniki boʻlishini orzu qilardim. Endi u yonimizda, ammo bu gʻoliblik menga tatimayapti. Undan koʻra osmonda uchib yurgani yaxshiroq edi. Bulutlardan ham baland, hech kimning qoʻli yetmaydigan yuksaklikda.
— Derazadan qara-chi, burgut osmondami?

Bobom toʻshakdan turolmayotgani uchun menga aytdi. Yuragim achishib ketdi. Osmonda hech qanday burgut yoʻq, boʻlmaydi ham. Hozir Magʻrur temir qafasda, ma’yus koʻzlarini choʻqqilar tomon qadab oʻtiribdi.
— Ha, ana. Uchishini koʻryapsizmi, bobo? Avvalgidek juda balandda. Koʻzga arang tashlanadi.

Bobom miyigʻida kulib qoʻydi:
— Yaramaslar...

Biroz jimlikdan keyin aytgan gapi shu boʻldi.
— Dunyoda odamzodday chirkin maxluq yoʻq. Jonivorni onalik mehridan foydalanib, qoʻlga olishdi-ya?.. Magʻrurning aybi ona boʻlganimi? U farzandini qutqarmoqchi edi. Uning shu koʻngilchanligidan foydalanishdi. Agar Magʻrur ona boʻlmaganida, odamlar uni hech qachon tutisholmasdi.

Bobom koʻzlariga yosh oldi. Men ham yigʻlab yuborishdan oʻzimni zoʻrgʻa tiydim. Baribir, osmonda Magʻrur uchmayotganini va hech qachon uchmasligini bobom bilibdi.
— Uni qutqaraman, qafasidan ozod qilaman... — deya pichirladim-da, xonadan chiqib ketdim.

Shu ketishda amakimnikiga yoʻl oldim. Magʻrurni tutib olishganiga bir haftadan oshdi. Lekin u ogʻziga bir qultum ham suv olgani yoʻq. Ozganidan patlari hurpayib qolgan. Qafasida qilt etmay oʻtiradi. Ahvoli ogʻir, shekilli, ogʻzidan suv oqib turardi. Qishloqning mol doʻxtiri uni «Oʻladi», dedi.
— Esiz, shu savilni qancha kuch sarflab tutibmiz. Oʻrta yoʻlda otam bilan munosabatimiz yomonlashib, u kishining sogʻligʻi ogʻirlashgani qoldi.
— Nimasini aytasiz, aka. Bu qanaqasiga Magʻrur? Turgan-bitgani kasal-ku.

Amakimning noroziligiga otam ham qoʻshildi.

Ular burgutni tashqariga, ochiq havoga olib chiqib qoʻyishdi.

Men esa bir chekkadan uni chorasizgina kuzatdim: u chindan ham oʻlsa kerak. Chunki juda kichrayib qolgan. Hozir koʻrgan odam uni bir hafta avvalgi, shu togʻlarning hukmdori Magʻrur ekaniga ishonmaydi. U soʻlgʻin koʻzlarini yiroqlarga — ustida qorlari oqarib turgan choʻqqilar tomonga qadadi. Majolsizgina uzun qanotlarini yoydi. Lekin qanotlari qafasga sigʻmadi. Hatto oʻzi xohlaganidek, baralla qanot yozolmadi bechora. U qafasda qanot yozishning imkoni yoʻqligini bilsa-da, silkitishdan toʻxtamasdi. Nazarimda, u sal jonlangandek boʻldi. Toza havodan kuchga toʻlayotganga oʻxshardi. Munkayib qolgan gavdasi yana gʻoliblarga xos kerildi. Bir haftadan beri tuz totmagan qushga qaerdan kuch yogʻilib kelayotganini men bilmas edim. Toʻgʻrirogʻi, bilishga biz odamlarning aqlimiz kaltalik qilardi. Burgut koʻz oldimda havoga koʻtarila boshladi. U qafasdan chiqolmasdi, qafasning ichida qanot qoqdi. Magʻrur pitirlab, oʻzi doim intilgan osmoni falakka parvoz qilayotgan edi. Osmon ularni nega chorlashini men tushunayotgandek boʻldim. U yerda erk bor, ozodlik bor. Burgut tobora balandlab borardi. Esankiraganimdan qafasning ogʻzini ochishni unutibman. Unga shundogʻam juda ogʻir. Bir tomondan qanotlari erkin harakat qilolmaydi, ikkinchidan, zil-zambil qafasni ham koʻtarishga majbur. Lekin u uddaladi. Nazarimda, bulutlarga qadar koʻtarildi. Hozir u doim muallaq aylanadigan yuksak manziliga chiqadi. Shunchasini uddalagan bu yovqur qushning qafasdan qutulib ketishiga ishonardim. Qoʻllarimni peshonamga soyabon qilib, koʻkka tikildim. Magʻrur yana doimgidek qora nuqtaga aylangan edi. Quyoshning zarrin nurlaridan koʻzlarim qamashib qoldi. Koʻzim yoshlanib ketayotgan boʻlsa-da, Magʻrurni ilgʻashga harakat qildim. Chunki uning yana osmonda ekanidan quvonardim.
— Endi osmoningdan tushma, Magʻrur!

Turgan joyimda sakrab, qoʻllarimni silkitdim.

Ammo kutilmaganda hammasi oʻzgarib ketdi. Yoki men adashyapman. U qancha qiynalib balandlagan boʻlsa, shunchalik tez pastladi.
— Nahotki u qulayotgan boʻlsa?! Yoʻq, boʻlishi mumkin emas! Yoʻq...

Shiddat bilan pastlayotgan qafasni tutib olishga harakat qilardim. Qulochimni katta ochib, qafasning moʻljalini oldim. Biroq kimdir qoʻllarimni mahkam ushlab tortdi. Ne koʻz bilan koʻrayki, men uydan chiqayotganimda toʻshagidan turolmay yotgan bobom edi.
— Shunday boʻlishi kerak. Burgutning umri shu. Uni qutqaraman deb, oʻzingni halok qilma. Menimcha, bu burgutga munosib qismat. Burgut boʻlib tugʻilganlar oʻlimini ham burgutday qarshilaydi.

Bobom meni bagʻriga bosgancha yerga yaqinlashib qolgan burgutga teskari qaradi. Uni qutqarmoqchi boʻlib, bobomning qoʻllaridan yulqinib chiqishga harakat qildim. Ammo bobom qoʻyib yubormadilar. Koʻz oʻngimda burgut yerga quladi. Yerga tushganida olam zirillab ketganday boʻldi, nazarimda. Dunyoni bir lahza dahshatli chinqiriq tutib ketdi. Magʻrur halok boʻldi. Uning parcha-parcha boʻlib yotganini koʻrishga dosh berolmasdik. Qaytdik. Uyga yetib kelgunimizcha «churq» etmadik.
— Xafa boʻlma, bolam. Buyuk burgut avlodidan bitta nasl qolgan. Endi osmonga u hukmronlik qiladi.
— Buyukni aytyapsizmi?
— Ha, bizning Buyukni!
— Ikkita, deng... Togʻda qolgan polaponcha-chi?

Bobom chuqur xoʻrsindi:
— Sen Buyukka qara. U birovning yordamisiz mustaqil ov qilolmaydi. Togʻdagi polapon ham u tengi. Magʻrur esa bir haftadan ziyod tutqunlikda qolib ketdi. Ikkinchi bolasini biror narsa yeb ketgan yoki ochlikdan oʻlib qolgandir...

«Nega shunga aqlim yetmadi ekan?» — deb oʻyladim. Biz Magʻrurning ikkinchi zurriyodidan ham umidimizni uzdik.
— Gaping toʻgʻriga oʻxshaydi, bolam. Har bir togʻda bittadan hukmdor boʻlgani yaxshi. Biz Buyukni uchishga oʻrgatishimiz kerak. Endi uni olib ketadigan onasi yoʻq. Bemalol oʻrgataveramiz.
— Uchishni yaxshi oʻrganib, ketib qolsa-chi?
— Burgutlarning haqiqiy makoni togʻlar, osmon, choʻqqilar. Ketishi aniq. Lekin, baribir, u bizning burgut. Magʻrur va uning bir poloponi mening aybim bilan halok boʻlishdi. Lekin xudo shohid, men buni istamagan edim.

Uyga yetib kelgan zahoti Buyukni tashqariga olib chiqib, qafasni ochdik. Hozir Buyuk pitirlab chiqadi-da, osmonga parvoz qiladi. Qafasni ochgach, daraxt soyasida kuzatib oʻtirgan bobomning yoniga borib choʻkdim. Ammo Buyuk qafasdan chiqishni xayoliga ham keltirmasdi. Juda hayron boʻldim. Borib uni ushlab tashqariga chiqardim. Qoʻlimga olib, ohistagina osmonga otdim. U qanotlarini pitirlatgancha yerga qaytib tushdi. Bir necha marta buni takrorladim, lekin har gal shunday boʻldi.

Bobom meni yoniga imladi:
— Uni oʻz holiga qoʻy. Biroz atrofni oʻrgansin, keyin ucha boshlaydi.

Buyuk esa lapanglab u yoq-bu yoqqa yurdi. Oʻtkir tumshugʻi bilan oʻtlarni choʻqilab koʻrdi. Qiziqsinib atrofga qaradi-yu, yana qafas yoniga qaytdi va jimgina qafasga kirib ketdi.

Bobom ikkimiz hang-u mangmiz. Toʻsatdan bobom boʻshashib, yerga choʻkkaladi. Koʻzlarini Buyukdan uzmay, hoʻngrab yigʻlab yubordi:
— Men qari ahmoqman. Men xato qilib qoʻydim. Buyuk burgut naslini voyaga yetkazmoqchi edim. Ammo Magʻrurning avlodini emas, itoatkor qulni oʻstiribman. Buyuk burgut nasliga men qiron keltirdim...

Hozirgacha togʻlardagi oʻktam burgutdan bitta boʻlsa ham qolgan, deb oʻylagan edim. Biroq Buyukning qafasda bizga hayron tikilib turganini koʻrib, ular tamom boʻlganini angladim. Bobomdek hoʻngrab yigʻlamayotgan boʻlsam-da, yuragim qattiq oʻrtanardi.