OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuyassar Tilovova
Asar nomiOlmazor (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muyassar Tilovova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 3-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Olmazor (hikoya)
Muyassar Tilovova

− Kelgindi.

− Sen ketmonsan, dastasi singan ketmon.

− Molboqar.

− Dala koʻrsichqoni.

− Koʻchmanchi.

− Kalamush.

Bizning dahanaki, ammo oxiri koʻrinmaydigan urushlarimiz mana shunday boshlanadi. Choʻpon bolalar bilan ayni tushda boshlangan janjal to shomgacha, kun hovuridan tushgunicha davom etadi. Chunki faqat shu paytda soyda choʻmilishni toʻxtatib uyga ketamiz. Aslida bir-birimizni nima deb soʻksak ham eshitmaymiz, ular soyning narigi, biz esa bu qirgʻogʻida boʻlamiz. Suvning shovillashida quloqlarga oʻz chiyillashlarimizdan boshqa narsa eshitilmaydi. Lekin har holda yengilmaganimizga asos bor. Biz bisotimizdagi bor yomon soʻzlardan foydalanamiz. Yangilari tugab qolsa, raqiblarimiz aytgan gaplarni qaytarishga tushamiz. Qoʻlimizdan kelgani shu. Bu urushlar men esimni taniganimdan buyon boʻladi. Avval akalarim urishishardi, keyin ular tinchib ketishdi. Navbat bizga yetdi. Boshida ularga nimalar deb soʻkkanimni aytib rosa maqtanar edim. Biroq bu hech kimni qiziqtirmadi. Keyin jang tafsilotlarimizni aytishga hafsalam ham soʻnib ketdi.

Bugun dalada akamga yordamlashib qoq tushgacha qolib ketdim. Soʻngra Davron bilan eshakni sekin yoʻrgʻalatgancha soyga yoʻl oldik. Juda horiganimizdan koʻylakni yechib boshga soyabon qilganmiz, eshakni esa boshqarmay oʻz holiga tashladik. Jonivor har kuni boradigan yoʻlini topib ketaveradi. Soyga yetgach juda jahlim chiqib ketdi. Choʻponlar biz choʻmiladigan joyni egallab olishgandi. Bu holdan hayron boʻlishimiz tabiiy. Chunki soy biz bilan ular oʻrtasida teng boʻlingan. Har kimning yeri daxlsiz edi.

− Nega biz tomonga oʻtding, kelgindi?

− Qoʻlingdan kelsa hayda, ketmon.

Ularning boshligʻi, mening asosiy dushmanim Shahboz kurka yurish bilan menga yaqinlashdi.

«Qoʻrqqan nomard»− deb oʻzimga pichirladim-da, doimgi vazmin qadamlarimda u tomonga ildamladim.

− Joy boʻlingan, lafzingda tur.

− Oʻrtaga lafzni qoʻshma. Uni sendan yaxshi bilaman.

− Unda nimaga biz tomonga oʻtding?

− Bu togʻliklarning odati.

− Bosqinchilikmi?

− Yoʻq, birga-bir qilish.

− Men sen tomonga oʻtganim yoʻq.

− Ikkita shirbozni oʻgʻirladilaring.

− Biz sening mollaringni deb oʻlib turganimiz yoʻq.

Men oʻgʻirlikni oʻzimdan soqit qildim-u, ammo shirbozlarning goʻshtidan yeganim esimga tushdi. Uni akam va joʻralari oʻgʻirlashgan edi. Buni tan olib boʻlmaydi, chunki yutqazgan boʻlaman. Sir boy bermadim.

− Sen oʻgʻirlaganlar bilan hisob-kitob qil, molboqar.

− Jigʻimga tegma, dala koʻrsichqoni.

− Koʻchmanchi, bevatan.

Shahboz bu gapimdan jim boʻlib qoldi. Men nishonga urgandim. Oʻsha gapni togʻliklarni qargʻayotganda onamdan oʻrganganman. Bugun asqotdi. Boshimni gʻoliblarga xos baland koʻtardim. Biroq kutmagan narsam sodir boʻldi. Yuzimning ostida qattiq mushtni his qildim. Koʻz oldim qorongʻilashib ketdi. Gandirakladim, chogʻi. Lekin buni bildirmasligim kerak. Oʻzimni tutdim. Zoʻrgʻa tutdim. Tan olish kerak, zarbasi juda kuchli ekan. Xuddi temir qoʻllarga oʻxshaydi. Buni shunday qoldirib boʻlmaydi. Bor kuchimni qoʻlimga yigʻdim-da, uning oʻng yuzini moʻljalladim. Zoʻr zarba boʻldi. Boyagina hayrat egallab turgan Davronning yuzida xushkayfiyat paydo boʻldi. Shahboz taraf bolalar esa yiqilib tushgan doʻstlariga parvona edi. Men butunlay gʻolibman. Kiyimlarimni yechib, ozgʻin, chayir gavdamni quyoshda berilib kerishtirdim. Oʻzim bilan oʻzim band boʻlib Shahbozning oʻrnidan turganini sezmabman. Biqinimda nimadir uzilib ketganday boʻldi. Faqat, soʻkishib oʻtgan bolalarcha janglarimiz tugagan, endi nihoyasiz mushtlashuvlar boshlangandi. Unga yeb qoʻyguday tikilib turgan koʻzlarimdan zarba kuchidan beixtiyor yosh qalqib ketdi.

− Borib onangga yigʻlab ber. Seni ovutadi.

Balki taslim boʻlardim, lekin bu gapidan keyin emas. Qornimni ushlab turgan qoʻllarimda musht tugildi. Shahboz tomonga yugurdim. Boʻyniga mahkam osilib, yerga yiqitib oldim. Bir-birimizga ketma-ket zarbalar yogʻdirdik. Shunchalik kuchli ekanimni bugun his qildim. Ammo Shahboz ham qolishmasdi. Baquvvat bola ekan. Koʻz qirimda qarab, Davron bilan Sherqoʻzi olishayotganini koʻrdim. Negadir Joʻra bu olishuvda ishtirok etmasdi. Chekkada turib goh bizga, goh Sherqoʻzi bilan Davronga qarardi. Demak qoʻrqayapti. Albatta, bu fikrdan kuch oldim. Lekin keyinchalik bilsam men adashgan ekanman. Togʻlik choʻponlar odatida bir kishiga ikki kishining tashlanishi uyat hisoblanar ekan.

Nazarimda men yengayotganday edim. Chunki Shahboz bukilgan oyoqlarim ostida edi. U taslim boʻlishga hozirlanayotganday koʻrindi.

Endi oxirgi zarbani berish kerak. Basharasini nishonga olib qoʻllarimni baland koʻtardim. Ular zalvorli mushtga aylangandi.

Endi urmoqchi boʻlganimda qoʻlimni kimdir ushladi. Oʻgirilib tepamga qaradim. Togʻ yonbagʻirligidagi katta olmazorning egasi Qodir ota ekan. Xayolim u bilan boʻlib tepishga hozirlangan Shahbozning oyoqlarini ilgʻamabman. Qodir ota ikkinchi qoʻli bilan uning oyogʻini ushladi.

− Nega urushasanlar?

− Manovi bizni choʻmiladigan joyga oʻtib olibdi.

− Uyat, bolalarim, uyat. Bir joyda yashaydigan ogʻa-inilar ham mushtlashadimi?

Chol doimgi xushchaqchaq chehrasi bilan tabassum qildi. Meni majburlab chekkaga oldi. Yuzlari tuproqqa belangan, qoshining usti yorilib qon sizayotgan Shahboz yigʻlashdan nari-beri boʻlib oʻrnidan turdi. Uning qoʻrqayotgani bilinib turardi. Chunki, chol bizning qishloqdan. U biz taraf boʻlishi aniq edi.

− Xoʻsh, bir-biringizdan kechirim soʻrab yarashib olasizlarmi?

Biz jimmiz. Kimning ham past ketgisi kelardi. Chol bizga qaradi-da, nimadandir afsuslanib boshini sarak-sarak qildi.

− Hech odamlarga tushunmayman-da, oʻzlari dushman boʻlsa bolalarda nima ayb? Bu odamni odam ajratishi hech tugamas ekan-da. Hatto, bolalarga ham singdirib ulgurishibdi. Ha mayli. − Qodir ota e’tiborsiz qoʻlini silkitdi. − Bogʻda hozir olma gʻirq pishgan. Kim doʻst boʻlmoqchi boʻlsa, men bilan yursin. Olmaxoʻrlik qilishga.

Chol hassasini doʻqillatib yoʻlga tushdi. Biz esa kim ortidan ergashsa, taslim boʻlishini tushungandik. Qilt etmadik. Ammo tomonlar ikkilanardi. Bogʻdagi olmalarning ta’rifini hamma bilardi. Shahboz, Sherqoʻzi, Joʻra cholning ortidan yurdi. Men shuni kutib turgandim, endi yoʻl ochiq. Davron ikkimiz ham ergashdik. Bogʻga yetguncha hech kim churq etmadi.

Chol orqasiga oʻgirilib qaradi-da, mamnun jilmaydi.

− Bu boshqa gap. Yaxshilab uqib olinglar, bir yerda yashagan odam gʻanim boʻlmaydi. Xudo barchani bir xil yaratgan, u oqmi, qorami, loʻlimi, koʻchmanchimi − buning ahamiyati yoʻq. Nega indamaysanlar? Sizlarga bolalarcha urishish, bolalarcha oʻyinqaroqlik yarashadi. Nasl-nasab va boshqa narsalarni oʻrtaga qoʻshmanglar. Qani seni oting nima edi? Daraxtga chiqib olma qoq-chi?

Qodir ota oʻtmaslashib qolgan koʻzlarini Shahbozga qisib qaradi.

− Ismim Shahboz.

− Bu burgut deganimi?

− Ha.

− Juda soz, oʻzing ham burgutga oʻxshagin. Ular kuchli, baquvvat, magʻrur boʻlishadi. Bir paytlar hov anavi, togʻlarda koʻrganman.

Chol koʻrsatkich barmogʻini uchlari oqarib koʻrinib turgan togʻ choʻqqilariga qadadi.

Shahbozning oʻrtogʻi Joʻra suhbatga aralashdi:

− Bizda ularning tirigi bor. Poloponligidan boqamiz.

Hayratini yashirolmagan Davron endi gapiraman deb ogʻiz juftlagandi, men turtib qoʻygach gapi ogʻzida qoldi.

Hash-pash deguncha sara olmalardan bir savatini terdik. Bogʻ qishloqning chetida, oxiri baland togʻlarga ulanib ketgan qirlikda barpo etilgan. Juda xushmanzara, soʻlim joy. Qodir ota yolgʻiz oʻgʻli Nodir bilan parvarishlaydi uni.

− Nega qarindoshlaring biz tomonga kelishmaydi? Sizlarda meva-cheva yoʻq, kelsanglar qoplab berib yuborardim.

− Bizga qishloqqa tushmanglar deyishadi. Shuning uchun to ketgunimizcha yaylovda boʻlamiz.

Choʻpon bolalar olmalardan yutoqib yer, bu esa bizning zavqimizni keltirardi. Birinchi uchrashuvimiz unchalik koʻngildagidek oʻtmadi. Ammo biz shu paytgacha olaqarash qiladigan bolalar bilan oramizda qandaydir yaqinlik uygʻongan edi.

− Barakalla, bolalarim. Ogʻa-ini tutininglar, agar qishloqqa tushishni istamasanglar mana, mening bogʻim. Xohlagan paytda kelib-ketaveringlar. Olmazor barcha bolalarning oʻynaydigan joyi boʻlsin.

Shu kuni choʻmilishga bormadik. Olmazorda qoldik. Oʻsha yoz biz uchun boshqacha oʻtgandi. Choʻponlar va qishloq bolalari doʻst tutinishdi. Hammasi emas. Men va Shahboz.

Kuzga yaqin ular ketishdi. Qishlash uchun oʻz qishloqlariga.

Qish oxirlashdi, ammo kunlar sovuq. Togʻdagi qorni endi onda-sonda oʻt-oʻlanlar yorib chiqyapti. Togʻning baland joylariga, qalin yaylovlarga koʻchmanchi choʻponlar qaytishdi. Ular oʻtgan yilgi xaroba kulbalarini qaytadan qurishyapti. Aslida, ularning oʻrni ham bilinmay ketgan. Chunki, har yili ketishgach qishloq odamlari ularning uylarini yo buzib tashlashadi, yoki yoqib yuborishadi. Lekin biror marta choʻponlardan hech biri «nimaga bunday qilding» deb kelmagan. Izgʻirinli bahorning uzun kechalarida togʻning har yer-har yerida qurilgan, xuddi bostirmaga oʻxshaydigan uylarining yoniq chiroqlari koʻrinib turadi. Ular har yili to yana qish boshlangunga qadar togʻlarda boʻlishadi. Qishloq bilan hech qachon aloqada boʻlishmaydi. Biz ularni, choʻponlar bizni yomon koʻrishadi.

Hash-pash deguncha oradan ikki oycha vaqt oʻtdi Qodir otaning olmazori ham qiygʻos hosilga kirgan. Biz vaqtimiz boʻldi deguncha oʻsha yerga shoshilamiz. Qishloqda choʻponlar bilan doʻst tutingan yagona odam biz bolalarmiz. Olmani boʻkkanimizcha yeymiz, qorin toʻygach bir-birimizga olma otish boshlanadi. Qanday shoʻxlik qilsak ham Qodir ota indamaydi. Goʻyoki olmazor hamma bolalarning doʻstlik maskaniga aylanib qolgan. Men, Shahboz, choʻpon bolalar va yana tatar yigit Bashir ham shu yerga keladi. Ular oilasi bilan koʻchib kelishgan. Boshida bolalar uni turtkilashardi, soʻng Qodir otaning gapi bilan biz doʻstlashib ketdik. Olmazordagi oʻtgan har daqiqamiz goʻzal. Bu yerda bizni kattalarning muammolari, shunga oʻxshash mayda-chuydalar ajratmaydi. Men qishloq haqida, Shahboz choʻponlar haqida, Bashir esa oʻzlari haqida aytib beradi. Olmazor bolalar doʻstligining ramziga aylandi.

Yoz oxirlashdi. Biz olmazorga borishni kanda qilmadik. Lekin bir haftadan buyon Shahboz va choʻpon bolalar koʻrinmaydi. Men hayron boʻlib Qodir otadan soʻradim.

− Ey, nimasini aytasan, bolam? Men bir umr choʻponlar bilan yaxshi munosabatda boʻlish tarafdori edim. Lekin odamlar buni xohlashmadi. Tunov kuni toʻrt-beshta hamqishlogʻimiz ularning qoʻrasiga oʻgʻirlikka tushibdi. Bunday oʻgʻirliklar koʻp sodir boʻlgani uchun choʻponlar sergak yotishgan ekan, tutib olishibdi. Talanavergach ularning ham joniga tekkan-da, rosa doʻpposlashibdi.

Chol gapirayotib chuqur xoʻrsindi.

− Bobo, nega biznikilar choʻponlarni yomon koʻradi?

− Yerni deb, mana shu hammadan qoladigan yerni deb.

− Qishlogʻimiz katta-ku, hammaga yer yetadi.

− Qaniydi kattalar ham senday oʻylashsa!

Chol negadir oʻychan boʻlib qoldi. Koʻzlarini qayoqqadir mungli qadadi. Ammo nimaga tikilayotganini men bilolmadim.

− Ishqilib bu narsaning oxiri yaxshilik bilan tugasin-da.

Qodir ota xoʻrsinib boshimni silab qoʻydi.

Men u nimalar deganini unchalik tushunmadim. Biroq kuyunib gapirishidan, jiddiy muammo ekanini fahmladim.

Kechqurun uyimizda akam oʻrtoqlari bilan toʻplanishdi. Men ularning suhbatini eshikning orqasidan turib eshitdim.

− Toʻraning jagʻini ezib qoʻyishibdi.

Akam ogʻir zarbasi bilan xontaxtani bir urganda men uchib tushdim.

− Haddidan oshib ketishdi. Indamagan sari oʻzidan ketishyapti.

Qaysi joʻrasi gapirganini aniq anglolmadim.

– Ular ketisharmish, boshqa bu yerga qaytishmas ekan, qilgʻilikni qilib shunday ketaverishadimi?

Akam bunga chiday olmayotgani bilinib turardi.

− Ketayotgan boʻlishsa, yaxshi. Lekin qilmishiga yarasha jazo olib ketishadi. Indamay qoʻyib qoʻymaymiz.

− Nima qilamiz?

− Mol toʻla qoʻrasiga oʻt qoʻyamiz.

Kattalarning bu gapidan yuragim muzlab ketdi. Nahotki, shunday qilishsa!

− Qachon qilamiz?

Barcha akamga yuzlandi.

− Shu bugunoq. Men bilan yigitman deganing borasan.

Akamning qoʻygan shartidan keyin hammasi qoʻzgʻaldi.

Ketayotgan ular-u, qoʻrqayotgan men edim. Aslida qorongʻida bir oʻzim yurishga qoʻrqsam ham qandaydir kuch meni toqqa, choʻponlar yoniga yetakladi. Kuchim boricha yugurdim. Ularni ogohlantirishim kerak. Koʻp narsada biznikilar aybdor. Chunki choʻponlar qishloqning xasini ham oʻgʻirlamagan. Biznikilar esa koʻp marta oʻgʻirlik qilganlarini oʻzim koʻrganman. Qancha yugurdim, bilmayman. Biroq bir marta yoʻldan adashganimni bilaman. Yetib borganimda nafas olishim qiyinlashib, oʻpkam ogʻzimga tiqilib qolganday edi. Ammo, ne koʻz bilan koʻrayki, men kechikkandim. Qoʻra alangasi koʻkka oʻrlab yonardi, choʻponlar bilan yigitlarimiz oʻrtasida esa, allaqachon, mushtlashuv boshlanib ketgandi. Ular koʻpchilik, bizning yigitlar esa oz edi. Men dovdirab qolgandim. Kimdir boshimdan bir chelak suv quydi. Choʻchib oʻgirilsam, Shahboz.

− Bu yerda boʻlganingni hech kimga aytmayman. Faqat, ket. Boshqa koʻrishmaymiz.

Men aslida ularni ogohlantirishga kelganimni aytishga ulgurmadim. U chelagiga suv toʻldirib, molxonalari tomonga yugurdi.

Bu janjalni toʻxtatish kerak, nima qilib boʻlsa ham. Qishloq olis. Bu yerga eng yaqin joy Qodir otaning bogʻi. Men bogʻ tomonga chopdim. Quyuq olmazorni oralab cholning uyiga yetdim. Bobo nimanidir sezgan, shekilli, uxlamagan ekan.

− Bobo, tezroq yuring. Togʻda janjal boʻlyapti. Hozir yigitlarni oʻldirib qoʻyishadi.

− Tovba, shunga yuragim bezovta ekan-da. Nodir, Nodir. Yugur, bolam. Ularni tinchlantir. Mendan chaqqonsan. Ortingdan yetib olaman.

Nodir aka togʻ tomonga ildamlab ketdi.

Biz bir soatlar farqi bilan yetib bordik. Borganimizda janjal tugagan, biznikilar qochib ketgan ekan. Choʻponlar Qodir otaga indashmaydi. Uni hurmat qilishadi. Chunki hech kimni ajratmaydigan yaxshi odam ekanini bilishadi. Achimsiq tutun hididan ular ancha talofat koʻrganini bilish qiyin emas.

− Yaxshimisiz, ota?

Ulardan yoshi kattaroq bir kishi cholga salom berdi.

− Valaykum, Murod, yaxshimisan?

− Koʻryapsiz-ku, ahvolni.

− Ha, xomsut emgan bandalar.

− Xafa boʻlmang-u, ota, siz tomon nomardlik qildi. Ular qancha oʻgʻirliklar qilishmadi. Biz indamadik.

− Toʻgʻri, ammo bir kuni shunday voqea yuz berishini men bilardim. Ishqilib, hech kimga zarar yetmadimi, Murod?

Haligi kishi boshini quyi soldi. Ogʻir xoʻrsindi.

− Nimaga indamaysan?

− Hech kim xohlamagandi, ammo mushtlashuvda bir yigit oʻldi.

− Kim?

Ota ikkimiz birdan soʻradik. Oʻlay agar u akam ekaniga ishonchim komil edi. Hali sovimagan jasadni gilamga oʻrab qoʻyishgandi.

− Biz qishloqni tanimaymiz. Oʻzingiz koʻring.

Men borolmadim. Dosh bera olmasdim. Qodir ota sekin gilamni ochdi. Lekin indamadi. Oʻrnidan turayotib bir qalqib ketdi. Hech kimning gapiga javob bermay, kelgan yoʻlimizga ravona boʻldi. Men hayron edim. Qoʻrqayotgan boʻlsam ham gilamni ochib koʻrdim. Oʻlgan Qodir otaning oʻgʻli Nodir aka ekan. Cholning yoʻlda biror narsa boʻlishidan xavotir olib unga ergashdim. U oʻgʻlini olib ketishga ham qaytmadi. Uyiga tong yorishayotganda yetib bordik. U jimgina joyiga kirib yotdi. Men yonida qoldim. Biroq ertalabga yaqin uyqu elitgan ekan. Qattiq qoʻrquv va charchashdan qancha yotganimni bilmayman. Uygʻonganimda tushga yaqin payt edi. Negadir Qodir otani koʻrmadim. Izlab bogʻga chiqdim. Cholni topdim. Ota qoʻlida bolta, daraxtlarni chopardi. Qanday kuch bilan ishlaganini bilmayman. Ancha daraxt qulagan ekan. Qancha harakat qilmayin, cholni tinchlantirolmadim. U gʻazab bilan qilardi bu ishlarni. Keyin indamadim. Bizning doʻstlik qoʻrgʻonimiz qulayotganini azob bilan kuzatdim. Katta-katta olmalar yerga toʻp-toʻp etib tushardi.

− Men olmazorni bekorga qishloq bilan togʻ oʻrtasida bunyod qilmagandim. U qishloq bilan qoʻra oʻrtasida koʻprik boʻlsin degandim. Lekin bu bolamning umriga zomin boʻlishini bilmabman.

Ota hoʻngrab yigʻladi va olma daraxtlarini chopishini tezlashtirdi.