OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuyassar Tilovova
Asar nomiQoragʻordagi ov (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muyassar Tilovova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qoragʻordagi ov (hikoya)
Muyassar Tilovova

Kattalar menga shart qoʻyishdi. Ularning safiga kirish uchun uzun suv ilonini tutib, Qulmat oqsoqning boʻyniga ilishim kerak. Bu unchalik qiyin emas. Qulmat oqsoq juda yuvosh chol. Birovga qattiq gapirmaydi. Koʻzlari xiralashganidan katta koʻzoynagini taqib, kulbasi atrofini aylanib yuradi. Orqasidan soyaday ergashib ketaversang ham sezmaydi. Yoki sezsa ham, e’tibor bermaydi. Shuning uchun uning boʻyniga ilon ilish menga choʻt emas. Ammo ilonni tutish kerak-da. Toʻgʻri, suv iloni chaqmaydi. Lekin chaqadimi, chaqmaydimi, baribir, u ilon-ku, turqi sovuq, koʻzim tushishi bilan etim junjikib ketadi. Anhorga tikilib oʻylanib qoldim. Agar shu ishni eplolsam, manavi koʻm-koʻk, tip-tiniq suvda kattalar bilan birga choʻmilish menga nasib etadi.
— Qoʻrqyapsanmi, yigit? — dedi qoʻlidagi baliqni olovga tutayotgan Rahim aka irjayib. — Seni qara-yu, bizga qoʻshilishing uchun oddiygina shart qoʻygandim. Uyaltirib qoʻyding-ku. Haliyam Qora gʻorga kirib chiqasan demaganimga shukur qil.

Qora gʻor soʻzini eshitib, yuragim orqaga tortib ketdi. Qora gʻor, aslida, gʻor emas, anhorning katta yoʻl tagidan oʻtgan qismi. Yoʻl juda keng boʻlganidan, tunnel ham shunga yarasha uzun. Uzoqdan ichi qop-qorongʻi koʻringanidan, biz uni Qora gʻor deb ataymiz. U yerga hech kim ataylabdan kirmaydi. Tasodifan oqib ketganlarning hech biri esa tirik chiqmagan. Tunnelga kiraverishdagi suv shiddat bilan loyqalanib, koʻpiklanib oqadi. Xuddi oʻpqonga oʻxshaydi. Bor suvni ichiga yutib ketayotgandek. Ammo ajablanarlisi, tunnelning narigi tomonidan chiqayotgan suv tiniq va sokingina oqadi. Bunday joyga kirishning oʻzi oʻlim bilan teng. Qora gʻorga katta bolalardan hali hech kim kira olmagan. Hatto tunnel ogʻziga yaqinroq joylarda ham biror bola choʻmilmaydi. Lekin, kattalarning aytishicha, Rahim aka tunnel ogʻzigacha suzib borishga tayyorlanayotgan ekan va u soʻzining ustidan, albatta, chiqar emish. Bunga hech birimiz hayron qolmadik. Chunki katta bolalar ichida eng kuchlisi Rahim aka. Uning suvda qanday choʻmilishini koʻrganman. Suv ostiga shoʻngʻib, bir-ikki daqiqa u yerda tura oladi. Baliqlarni esa oyoqlari orasida qisib ushlaydi. Ilonni ushlab, chirpirak qilib aylantirishini hayratlanib tomosha qilganman. Xullas, Rahim akaga hammamizning havasimiz keladi.
— Qoʻrqma, Qora gʻorga kir, demayman. U yerga birinchi oʻzim kirmoqchiman. Kel, oldin baligʻimizdan tatib koʻr, keyin ilon quvlaysan.

Rahim akaning gapidan soʻng barcha bolalar kulib yuborishdi. U kishi esa meni izza qilishni xohlamay, ularga jim ishorasini qilib, qoʻl silkib, meni yoniga imladi. Alohida e’tiboridan xursand boʻlib, bolalar orasiga borib oʻtirdim. Birinchi kundan ovqatga taklif qilinganimga boshqalar koʻzlarini ola qilib qarashdi. Menga hasadlari kelayotganiga aniq ishonch hosil qilgach, mamnunligimni bildirmay, yaxshiroq joylashib oldim. Qoʻlimdagi oxirgi baliq olovda qizargach, Rahim aka Otajonga dedi:
— Bor, avval pishganlarini olib kel, ovqatlanamiz.

Otajon Qulmat oqsoqning yolgʻizgina nabirasi. Sakkiz yoshli, qotmadan kelgan, ozgʻin, xunukkina bola. Goʻdakligida otasi oʻlgan, onasi esa uni bobosiga tashlab, boshqa kishi bilan turmush qurib ketgan ekan. Shundan buyon anhorning narigi tomonida dashtlikka tutashib ketgan joyda, toʻkilib tushay deb turgan uyda bobosi bilan yolgʻiz yashaydi.

Qishlogʻimiz katta. Bu anhor esa uning bir chekkasidan oqib oʻtadi. Anhorning bir sohilida qishloq, ikkinchi sohilidan esa cheksizlikka ulanib ketgan dashtlik boshlanadi. Anhor juda keng va chuqur boʻlganidan unda faqat ikkitagina choʻmiladigan joy bor. Biri ancha keng, sayozlik, unda kichkina bolalar choʻmiladi. Eng yaxshi ikkinchi joyi esa katta bolalarniki. Katta bolalarga qoʻshilish qiyin. Mana, men oʻzim, necha kundan beri ularning oldiga kelishga jur’at etolmay, nihoyat, bir amallab kelib qoʻshildim. Otajon-chi, hali yosh bola boʻlsa ham, bir necha yildan beri kattalar bilan birga. Kattalar ham unga «ket» deyishmaydi. Toʻgʻri, u faqat qirgʻoqda choʻmiladi, boshqalar kabi anhorning oʻrtasiga kirmaydi. Faqat katta bolalarning mayda-chuyda ishlarini qilib yuradi. Biroq shuning oʻzi ham katta gap. Toʻrtinchi sinfga koʻchgan boʻlsam-da, hali ham ularga qoʻshilolmaganimdan Otajonga hasad bilan qarardim. Atrofdagilar bir-biriga hazil qilib, Otajonga e’tibor bermay turishganda, men koʻzlarim osti bilan uni kuzatdim. U bizdan yetti-sakkiz metr naridagi pishgan baliqlar yoniga borgach, negadir oʻsha yerda kuymalanib qoldi. Voy pismiq, u eng katta baliqlardan birini sohildagi qumloq tuproq ostiga koʻmardi. Otajon bizga teskari oʻtirgani uchun xuddi baliqlarni taxlayotganga oʻxshardi. U bu oʻgʻrilikni shunchalik chaqqon bajarganidan payqash qiyin edi. Baliqni koʻmib boʻlgach, qolganlarini koʻtarib, yonimizga keldi.
— Uka, bu yoqdan oʻtir.

Rahim akaning Otajonga oʻz yonidan joy bergani menga qattiq alam qildi.

«Nimaga endi bu oʻgʻrini ardoqlashlari kerak ekan? Hozir hammaning oldida aybini aytsam, bolalar undan xafa boʻladi, menga boʻlsa ishonchlari ortadi. Balki, saflariga kirish uchun qoʻygan shartlarini yengillatishar», deb oʻyladim.
— Otajon katta bir baliqni oʻgʻirladi. Hozirgina oʻzim koʻrdim.

Hamma yalt etib menga qaradi. Rahim aka ham. Ularning e’tiborini torta oldim.
— Ha, qumning ostiga koʻmib keldi, — dedim va Otajonning ahvolini tomosha qilish uchun unga qaradim.

Otajon goʻsht chaynashdan toʻxtagan, koʻzlari pirillab turardi. Qoʻrqqanidan rangi oʻzgarib, labi ham bilinar-bilinmas titrab ketdi. Koʻzlarini katta-katta ochib javdiragancha, oʻziga yeb qoʻygudek qarab turgan bolalarga termildi.
— Rostmi shu, baliq oʻgʻirladingmi? Oldingi odating yana boshlandimi? Esingdan chiqdimi, yana oʻgʻirlasang yaxshilik kutma deganim?

Rahim akaning jiddiy va jahl bilan bergan savolidan Otajon choʻchib tushdi. Ogʻzidagi goʻshtni zoʻrgʻa yutib, «yoʻq» degan ishorada boshini sekin-sekin qimirlatdi.
— Aldayapti, Rahim aka. U sizga yolgʻon gapirdi. Baliqni koʻmganini oʻzim koʻrdim, — deya gapimni isbotlash uchun oʻrnimdan turdim-da, borib qum ostidan baliqni oldim. Obdon tuproqqa belangan, qum zarralari yopishib qolgan kattagina baliqni keltirib, bolalar oldiga tashladim va gʻalabamdan gerdayib tik turdim.

Rahim aka istehzo bilan labining bir chekkasini choʻzib kuldi va toʻsatdan, zarb bilan Otajonning yuziga musht tushirdi. Kutilmagan zarbadan gangib qolgan bolakay oʻzini yoʻqotib, yerga agʻanab ketdi. Hamma qotib qoldi. Otajonni oʻrnidan turgʻazishga esa hech kimning jur’ati yetmasdi. Boshida qilgan ishimdan quvonayotgan boʻlsam, endi afsuslana boshladim. Chunki Otajonga rahmim kelayotgan edi.

Yerda yotgan bolakay biroz ingradi-yu, yana amallab oʻrnidan turib, qonagan burni va lablariga yopishib qolgan qumni qoqa boshladi.
— Nimaga oʻgʻrilik qilding? – Rahim aka gʻazablanganicha uning qulogʻidan choʻzib soʻradi.

Otajon hech narsa demadi. Faqat goʻdaklarcha tiniq koʻziga yosh keldi.
— Sendan soʻrayapman, nimaga oʻgʻrilik qilganingni, gadoyvachcha?

Rahim aka battar asabiylashib baqirdi.
— Uyimizga kelgan doktor amaki: «Bobongning ahvoli chatoq, koʻzlari xiralashib boryapti, koʻproq baliq yeyishi kerak», degan edi. O’zim baliq tutolmadim.

Otajon ingichka ovozda yigʻlab yubordi.
— Bizga qoʻshilganingdan beri oʻgʻrilik qilasan-a?

Rahim aka uning bilagidan siqib, oʻziga yaqin tortib soʻradi. Qoʻrqib ketgan Otajon esa koʻzlarini yerga qadab, tasdiq ishorasini qildi.
— O’zingdan koʻr, haromi, nonkoʻr.

Rahim aka bor kuchi bilan uni uloqtirdi. Bolakay bir-bir yarim metr nariga uchib borib, chalqanchasiga yiqildi. Bechoraga hamma achinib ketdi. Men esa qilgan ishimdan ich-etimni yer edim. Ammo kech boʻlgan, chorasizgina kuzatishdan boshqa hech narsa qoʻlimdan kelmas edi.
— Menga qara, — Rahim aka yerda yotgan Otajonning sochlaridan gʻijimlab, boshini koʻtardi.
— Esi past bobongga baliq yedirmoqchi boʻlsang, bundan kiyin oʻzing tut. Agar yana shu yerda qorangni koʻradigan boʻlsam, Qulmat oqsoqdan oldin oʻzing jahannamga joʻnaysan. Tushundingmi?

Rahim akaning tahdididan soʻng Otajon indamay keta boshladi.
— Toʻxta...

U toʻxtab, ortiga qaradi. Rahim aka tuproqqa belangan baliqni olib silkitdi.
— Buni olib ket. Bersang, bobong koʻzoynaksiz ham koʻradigan boʻlib qoladi.

Otajon orqasiga qaytdi. Kir qoʻllari bilan koʻz yoshlarini artib, baliqni oldi. U shunisiga ham xursand edi.
— Ha, aytgancha Qora gʻorda katta baliq yashaydi. Judayam katta. Agar uni tutib bobongga yedirsang, u avvalgidan ham yaxshi koʻradigan boʻlib qoladi, — dedi Rahim aka.
— Rostdan ham shunaqa baliq yashaydimi? Qora gʻorda-ya? — Otajon Rahim akaga hayratlanib qaradi. Uning moʻltirab turgan koʻzlarida ishonch paydo boʻlgandi.

Bolaning bunchalik ishonuvchanligidan Rahim aka ham sezdirmay kulib qoʻydi.
— Ha, rost, borib oʻshani tut.

Otajonning qadam olishi dadillashib, baliqni olib, uyi tomon chopqillab ketdi.

O’sha kuni shartni bajarishga ulgurmadim. Kech tushib qoldi. Kechga yaqin uyga qaytib, tuni bilan oʻyladim, ikkilandim. Chunki men ular aytgan shartni bajara olmasdim. Ilondan qoʻrqaman, qoʻrqmagan taqdirda ham uni tuta olmayman. Demak, kattalarga qoʻshilishimga hali vaqt bor. Ertasiga ular yoniga emas, oʻzimning har doimgi joyimga bordim.

Yana oʻsha-oʻsha manzara. Kelganimdan beri suvdan chiqqanim yoʻq. Lekin haligacha miriqib choʻmila olmadim. Chunki tizzadan keladigan suvda miriqib choʻmilish qayoqda? Faqat suvni shaloplatib, kechib yurish mumkin. Buning ustiga, bir kechib kelsang, loyqalanganidan tagi koʻrinmay qoladi. Ammo, eng yomoni, oʻzi uch-toʻrt metr keladigan yerga bolalarning endi oyogʻi chiqqanidan tortib, toʻrtinchi sinfgacha boʻlganlarning hammasi kelib oladi. Bunday paytda tikka tursang, sigʻmaydigan koʻlmakda bor-yoʻgʻi kechib yurasan. Tushgacha bir martagina suvga tushib kelib, boshqa vaqtimni sohildagi tuproqda choʻzilib oʻtkazdim. Issiq elitib, uyquga ketdim. Bexos uyqumni bir necha bolaning baqirib yigʻlagan ovozi buzdi. Qarasam, uch yoshlardagi ikki bolaning biri narigi tomonga qarab «Oyijon!», ikkinchisi unga teskari qarab «Dadajon!» deb yigʻlardi. Atrofda esa qip-yalangʻoch bolalar oʻzlaricha ularni ovutish bilan ovora. Doim shunday, bu yer yosh bolalarniki boʻlgani uchun hammasi yalangʻoch choʻmilishadi. Ularga «Jim boʻl!» deyish befoyda. Qaytaga battar qilishadi. Quloqlarimni berkitib, e’tibor bermaslikka urindim. O’n ikkiga kirgan boʻlsam ham, haligacha shu churvaqalar bilan oʻralashib yurganim alam qildi. Ammo Rahim akaning Otajonga qilgan muomalasini eslaganim sayin kattalar oldiga borishga ikkilanardim. Nima qilish kerak? Yuragim ularga tortardi. Axir Rahim akadan kaltak yeyishga Otajonning oʻzi sababchi-ku. O’gʻrilik qilib yurgan ekan. Men bunday qilmayman. Demak, borsam boʻladi. O’ylab-oʻylab, axiyri katta bolalarning oldiga yoʻl oldim.
— Iye, iye, keldingmi? Seni ilondan qoʻrqib, quyonning rasmini chizdi, deb oʻylovdim.

Rahim akaning gapidan hamma gurillab kulib yubordi. Qizarib ketganimni sezdirmaslik uchun yerga qaradim. Rahim aka oʻninchi sinfni tamomlagan boʻlsa ham, oʻzidan katta bolalar undan qoʻrqadi. Shuning uchun biror notoʻgʻri gap aytib qoʻymaslik uchun jim yurdim.
— Mayli, ilon ushlab, oqsoqning boʻyniga ilaman, — dedim yuragimni hovuchlab.
— Yoʻq, shart oʻzgardi. Endi ilon quvlashingga hojat yoʻq.

Men hayron boʻlib qaradim. Lekin Rahim aka hazillashmayotgan edi. Uning yuzi jiddiy, bamaylixotir sigaretini tutatardi. Toʻsatdan qoʻlidagi gugurtni menga uzatdi.
— Qulmat oqsoqning uyi yonidagi yantoq gʻaramini yoqasan. Bogʻiga meva yeyishga tushganimizda, oyoqqa kiryapti. Qoʻrqma, nabirasi uyda emas, hech kim koʻrmaydi.

«Axir menga yomonlik qilmagan odam boʻlsa, oqsoq boʻlsa, nima qilibdi? Urushda oʻq tekkan-da. Kattalar bunaqa shartlarni qayoqqdan topishar ekan-a?» deb oʻylanib turganimda, Rahim aka behafsala qoʻl siltadi:
— O’zi qushdek yuraging bor ekan, bizga qoʻshilaman deb nima qilarding?

Bu gap jon-jonimdan oʻtib ketdi. Qoʻlidan gugurtni yulib oldim va cholning uyiga qarab yurdim. Men alam va shiddat bilan borardim. Anhorning sayoz va axlat toʻplanib qolgan joyida Otajonni koʻrdim. U baliq tutishga urinib yotardi. Holdan toygani, charchaganidan terlab ketayotgani shundoq bilinib turibdi. Ammo qirgʻoqdagi kichkina paqirchada ikki-uchta koʻrsatkich barmoqday keladigan baliqchalardan boshqa hech narsa yoʻq edi. Unga rahmim keldi. Bunday boʻlishiga men aybdorman. U meni koʻrmadi. Faqat xayolimda undan kechirishini soʻradim.
— Ozgina sabr qil, men kattalarga qoʻshilib olay. Har kuni bobongga oʻzim baliq tutib beraman. Koʻp yesalar, koʻzlari yaxshi koʻradi, — deya pichirladim oʻzimga-oʻzim.

Kun juda issiq, quyosh boshimni ayovsiz kuydirardi. Sekin yurib, Qulmat oqsoqning choldevor uyiga yaqinlashdim. Uy atrofiga, boqqa sinchiklab qaradim. Chol koʻrinmadi. Panalab yantoq uyumi orqasiga oʻtdim. Gugurt chaqib, sekin tutashtirdim. Lekin olov kutganimdan tezroq yondi. Oftobda tikanlar ich-ichigacha qurib ketganidan faqat bitta uchqunni kutib turganga oʻxshardi. Oradan koʻp oʻtgani yoʻq. Butun toʻdani olov qamrab ketdi. Yonida turib terga pishib ketganimdan nariroqqa, daraxtlar soyasiga oʻtdim. Negadir olovning chars-chursi, gurillagan ovozi baland eshitilsa ham, choldan darak yoʻq edi. Ish silliq boʻlganidan xursand boʻlib, ortimga qayta boshladim. Katta gulxandan ancha uzoqlashib ketdim. Ammo olov pasayishi oʻrniga battar alangalanganini sezdim. Chunki ortimda kuchli charsillash va issiq taftini his qildim. Yuragimni hovuchlab ortimga qaradim.

Boʻlishi mumkin emas. Yonayotgan yantoq uyumining olovi cholning uyiga ham tutashgan ekan. Tomi, eshik-derazalarining romi qurib qolganidan uy bir zumda olov ichida qoldi. Men nima qilishimni bilmasdim.

«Chol uyida boʻlsa-ya?..» degan dahshatli fikr xayolimdan oʻtdi. Hatto olov komiga kirib, uni qutqarmoqchi ham boʻldim. Biroq tutuni koʻkka oʻrlab yonayotgan uyini koʻrgan chol bogʻning ichidan yugurib chiqdi. Menga kaftini peshonasiga soya qilib qaradi-da, uyi tomonga yurib ketdi. Men qoʻrqqanimdan ortimga qaramay yugurdim. Chol esa chelak koʻtargancha ortimdan munkillab yugurdi. Hech qachon qariyadan bunchalik qoʻrqmagan edim. Koʻprikkacha ulgurolmadim. Anhordan suzib oʻtishga toʻgʻri keldi. Juda shoshib suzardim. Qoʻrqqanimdan anhorning chuqur joyiga kirganimni bilmabman. Suv oqizib keta boshladi. Qancha harakat qilmayin, oʻzimni oʻnglay olmadim. Oqim butunlay izmiga solib olgandi. Faqat suv betiga bir qalqib nafas olganimni eslayman. Keyin suv ostida qoldim. Hushimga kelganimda, kimdir meni oqim ichidan tortib olib chiqardi. Bu Qulmat bobo edi. U kishi qari boʻlishiga qaramay, meni qutqarish uchun suvga sakragan ekan. Qoʻllarimdan tortib sohilgacha qiynalib suzdi. Men oʻshanda anhorning bu yerdagi shiddatli toʻlqinlarini yenggan odamni birinchi marta koʻrganman. Qulmat oqsoq meni sohilga olib chiqib, orqamga qoqdi. Yutgan suvlarimni chiqarib tashlashga majbur qildi. O’zimga kelganimni bilgach, holsizlanib yerga choʻzildi.
— Bolam, nega mendan qoʻrqib qochasan? Men senga nima yomonlik qilaman? Sening izingdanmas, anhordan suv olgani borayotgan edim. Ehtiyot boʻlmaysanmi? Yaxshiyam, vaqtida borib qoldim, — dedi u behol pichirlab.

U shunchalar samimiy gapirdiki, oʻsha paytda nimalarni his qilganimni aytib berolmayman. Chol turtinib-surtinib uyi tomonga qarab yurdi. Men ham ergashdim. Qulmat bobo suvga tushgan paytda koʻzoynagini yoʻqotgan ekan, uyidan esa olovdan qorayib, soʻppaygan devorlar qolgandi.

Bu voqeadan keyin Qulmat bobo yotib qoldi. Yaqin qarindoshlaridan biri uni olib ketdi. Qishloqdagilardan eshitishimcha, boboning koʻzlari umuman koʻrmay qolgan emish. Hozir uning bogʻi egasiz, oʻt-oʻlanlar bosib ketgan. Uyining vayronalari uzoqdan qargʻish urgan, xunuk kultepalarga oʻxshab koʻrinadi. U yerga har qaraganimda, bu mening gunohim ekanini bilib, ich-ichimdan ezilib oʻtaman.

Otajonning har kun anhorning sayoz joyida baliq tutib yurganini koʻraman. Unga koʻpincha yordamlashaman. Ammo ikkalamiz ham noʻnoq baliqchimiz. Kuniga toʻrt-beshta mayda-chuyda baliqchalardan boshqa hech vaqo tutolmaymiz. Bechora bola, bobosi koʻproq baliq yesa tuzalib, koʻzlari koʻra boshlashiga ishonadi. Hali goʻdak-da. Unga rahmim kelib, haqiqatni aytay deyman-u, lekin uning hayotdagi birgina ilinji, yolgʻiz ishonchidan ham ayirgim kelmadi. Vaqti kelib, tushunib olar.

Ertalab uydan onam shoshilib chiqib ketayotgan ekan. Men qayerga borayotganini soʻradim.
— Azaga ketyapman. Qulmat boboning nabirasi oʻlib qolibdi.

Boshim tars yorilib ketganday boʻldi.
— A-a?! — dedim onamning qoʻllaridan silkib. — Nega, nimaga oʻladi?!

Onam menga hayron boʻlib qarab qoʻydi.
— Jin chaldimi seni, bolam? Tunnelga choʻmilgani kirganmish. Shukurki, tirigi boʻlmasayam, oʻligi chiqibdi oʻsha yerdan. Tavba, odamlarga ham hayron qolasan. Yosh bola anhorda sandiroqlab nima qiladi? O’zi esi sal kirdi-chiqdiroq edi shu bola. Bobosiga oʻxshagan-da.

Onam oʻziga-oʻzi gʻudranib, koʻchaga chiqib ketdi. Men boshimni changallab, yerga choʻkkaladim. Ich-ichimdan chidab boʻlmas darajada iztirobli ogʻriq tuydim. Chunki faqatgina men bilaman Otajonning nega Qora gʻorga kirganini. U eng katta baliqni tutib, bobosini davolamoqchi edi.