OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuyassar Tilovova
Asar nomiToʻgʻon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Muyassar Tilovova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻgʻon (hikoya)
Muyassar Tilovova

Ikki kundan beri shivalab turgan yomgʻir tun yarimga borganda jalaga aylandi. Momaqaldiroq osmon gumbazini yorib yuborguday gumburlar, tez-tez chaqnayotgan chaqmoq yorugʻida qishloqning past-baland tepaliklaridagi uylari koʻrinib ketadi. Suv tarnovdan chelaklab tushar, sharros quyayotgan jala tomlar tunukasini doira qilib chaladi.
– Yomgʻir tagʻin kuchaydimi?

Torgina uyning burchagiga oʻrnatilgan pechkaning biqinida yotgan Suyun ota inqillab gapirdi.

Cholining bezovtalanayotganidan xavotirga tushgan Robiya xola uni chalgʻitgan boʻldi.
– Yomgʻir kuchaygani yoʻq, shamol quturgan boʻlsa kerak.
– Yoʻq, – deya e’tiroz bildirdi chol, – shamol emas bu. Jalaga oʻxshaydi.
– Jala boʻlganda nima? Besh daqiqa quyib, oʻtib ketadigan tentak jala-da.

Hatto nafas olishga ham qiynalayotgan chol horgʻin xoʻrsindi.
– Men bu jalani bilaman. Bir boshlasa qora buluti ikki-uch kunlab ketmaydi. Koʻprik nima boʻldiykan, toʻgʻonniyam ta’mirlash kerak edi.

Otaning kasal yotganidayam qishloqni, odamlarni oʻylashi Robiya xolaning gʻashini keltirdi.
– Shu qishloq sizsiz ochidan oʻlib qoladimi? Kasal yeringizdayam ularni deguncha oʻzingizni, tezroq tuzalishingizni oʻylasangiz boʻlardi.

Chol indamadi.

Shu payt qattiq chaqmoq chaqdimi, shamol kimningdir tunuka tomini uchirdimi yoki birov darvozani taqillatdimi – anglab boʻlmay qoldi. Bu ovoz yana ikki-uch marta eshitilgach, eshik taqillayotganini bilgan kampir tashqariga chiqishga hozirlandi.
– Bobo, Bobojon, – (Chol nabirasini erkalab shunday chaqirardi) momongning izidan bor. Hovli loy.

Kattalarning gangir-gungiridan uxlolmay yotgan bolakay oʻrnidan sapchib turib momosiga ergashdi.

Robiya xola boshiga katta roʻmolini tashlab olgan, Bobobek esa bobosi shoshirib, yugurgilatganidan yupun kiyimda edi. Ular darvoza va uy oʻrtasidagi yursa kalish botib qoladigan loy yoʻlakdan sekin borishardi.

Kampir norozilanib gʻoʻdrandi:
– Yarim kechasi kim boʻldiykan? Shunday yomgʻir payti-ya?!

Bola boʻlsa xuddi javob bermasa birov urishadiganday labini burib, yelka qisdi.
– Kim u? – dedi kampir darvozani ochishga urinarkan.
– Menman, ena, Tursunboy.

Robiya xola darvozani ochgach, xuddi ishonqiramaganday «Tursunboy?» deya mingʻirlab qoʻydi.
– Qoʻrqmang, ena, oʻgʻrimasman.

Suyun oqsoqolning yaqin yordamchisi Tursunboy ivib ketganidan dagʻ-dagʻ qaltirab turardi.
– Ha sizmidingiz, bolam? Tinchlikmi yarim kechasi?
– Tinchlikmas-da, Suyun otam uydamilar?
– Yotib qolganidan beri biror marta boshini koʻtarmagan odam yarim kecha uyda boʻlmay qayoqda boʻlardi?
– U kishida ishim bor.
– Ha, ha, kiring ichkariga, – deya xijolatlandi ostonada turib qolgan Robiya xola.

Tursunboy amakining koʻkraklarigacha chaplangan loy lipillab turgan chiroq yorugʻida ola-chalpoq koʻrindi.
– Toʻgʻondan kelyapman, ena. Ishlar orqaga ketyapti. Bu yomgʻir tinadiganga oʻxshamaydi.

Tursunboy tizzagacha keladigan rezina etigini amallab yechib, uyga kirdi. Ular boʻsagʻada kuymalanguncha lip etib xonaga birinchi kirgan bolakay haligina boshini ham koʻtara olmayotgan bobosining xuddi mullalarday boʻlib oʻtirganini koʻrib hayron qoldi.
– Tuzukmisiz, ota? – deya soʻrashib ketdi uyga kirar-kirmas Tursunboy.
– Xudoga shukur, bir navi. Oʻzing yaxshimisan? Allamahalda tinchlikmi?

Yomon xabar keltirganini aytolmay Tursunboy gapni chaynadi.
– Koʻprikni-ku amalladik, lekin toʻgʻonning iloji boʻlmayapti. Ba’zi joylarini qayta qurishga toʻgʻri keldi. Endi bitay deb turganida yomgʻirni qarang. Agar tinmasa keyin umid yoʻq. Shuncha mehnat bir pul.
– Oʻzi bitay deb qoldimi?
– Yana zoʻr berilsa ikki kunlik ish. Faqat yomgʻir beliga tepyapti.
– Chol, siz hozirgina inqillayotgandingiz-ku, – deya gapga aralashdi Suyun otaning oʻtirib olganiga endi ahamiyat bergan kampiri. – Tursunboyni koʻrib tuzalib qoldingizmi? Yotaversangiz ham uning gapi eshitiladi.

Ota Robiya xolaga qoʻl siltadi.
– Boʻlmasa, Tursunboy, odamlarga ayt, qirqiga chidashdi, qirq biriga ham gʻayrat qilishsin.
– Aytdim, ota, aytdim.

Uning kuyunib gapirganidan qoshlarining oʻrtasiga tushgan chiziq battar chuqurlashib ketdi.
– Mendan koʻra sizning aytganingizni qilishadi. Ularniyam tushunish kerak. Necha kundan beri shibbalagan yomgʻirga qaramay hasharni toʻxtatishgani yoʻq. Lekin hozirgi jalaga chidab boʻlmayapti.

Suyun ota noqulay oʻtirganidanmi yoki charchaganidanmi boshqa yoniga oʻgirildi. Oʻgirilayotib qaeridir qattiq sanchidi, shekilli, ixrab yubordi.
– Yaxshi, ertalab boraman. Bugun tonggacha dam olishsin.

Robiya xola nimadir deb norozilik bildirmoqchi boʻldi-yu, lekin cholining jiddiy turganini koʻrib tilini tishladi.
– Oʻzim borib ishning boshida turaman. Shuncha qiynalishdi. Agar ogʻir deb hozir tashlab ketishsa keyin ming uringandan foyda yoʻq. Doʻnglikdagi yer bu yil ham suvsiz qoladi.
– Menam shuni aytaman-da, lekin hali yoshmanmi yo odamlarni ergashtira olmaymanmi, ular ishonqirashmayapti. Baribir siz oʻttiz yillik oqsoqolsiz, salobatingiz bor. Aytganingizni qilishadi.
– Ertalab amallab yoʻlga chiqaman. Buguncha shu yerda yotib qol. Ikki-uch soatdan keyin tong otadi.
– Yoʻq, ota, rahmat. Bugunam toʻgʻon boshida qolaman. U yerdagi vaziyatni nazorat qilib turishim kerak.

Tursunboy chol bilan xayrlashib tashqariga chiqishi bilan hozirgina devorga suyanib oʻtirgan Suyun ota holsizgina oʻrniga yonboshladi. Yotganidan soʻng ham nafas olishi qiyinlashib xirillay boshladi. Momosi Tursunboy amakisini kuzatib chiqqani uchun uyda yolgʻiz qolgan bola bobosining ahvolini koʻrib nima qilarini bilmay shoshib qoldi.
– Bobo, qaeringiz ogʻriyapti?
– Hech qaerim ogʻrimayapti. Ozgina charchadim, sen uxlayver.

Tuni boʻyi mijja qoqmagan bolakay koʻzlarini yumib, shirin esnadi.
– Ahvolingiz bu boʻlsa, ertaga toʻgʻon boshiga boraman deyishning nima keragi bor edi?

Tursunboyni kuzatib kelgan kampir uyga kirar-kirmas, choliga javray ketdi.
– Holingizni bilib gapirsangiz boʻlmaydimi?

Chol xuddi ayb ish qilganday indamadi.

Kampir yana nimalardir deb gʻudrandi-da, chiroqni oʻchirib yotdi.

Qariganiga qaramay otdan tushsayam, egardan tushmaydigan tetik chol qish oldi toʻsatdan yotib qolganicha, hali boshini koʻtargani yoʻq. Erining birdan bunday ogʻir dardga chalinganidan gangib qolgan Robiya xolaning bormagan tabibi, fol deysizmi, oʻqitish, qoqtirishmi – qilmagan amali qolmadi. Lekin birortasidan foyda yoʻq. Oxiri kampirining ortiq yelib-yugurishiga otaning oʻzi ruxsat bermay qoʻydi. «Dard bergan Egam shifosiniyam Oʻzi beradi. Sen koʻngli tor boʻlmay sabr qil», degandi oʻshanda. Kampir shundan beri yotsa ham, tursa ham nimalarnidir pichirlaydi. Bobobek yomon tush koʻrsa yoki sovuqsirab tagini hoʻllab qoʻygan paytlari yarim tunda uygʻonib ketadigan odati bor. Koʻzini ochganida yonida yotgan buvisi allanimalar deb pichirlaydi. Agar uyqusi siyrak boʻlsa, momosining gaplarini aniq eshitadi.

«Ey yaratgan Egam, Oʻzing dunyo yaratuvchisisan. Baland togʻlar ham, dara-oʻngirlar ham, katta koʻl, hayvonlar, ojiz bandalarning barchasi sening marhamating bilan bunyod boʻlgan. Bandalaringga rizq beradigan Rahmon, nomingga shak keltirishsa jazolaydigan Qahhor ham Oʻzingsan. Olti bolamni toʻqqiz oy vujudimda koʻtartirib, yorugʻ olamga kelishganida tortib olding. Chidadim. Soch yulib, yoqa yirtib yigʻlamadim. Ularni qanday yaratgan boʻlsang, shunday Oʻzingga qaytardim. Endi kasal cholimni panohingda asra. Senga shak keltirmoqchi emasman. Har bir banda Oʻzingga qaytguvchi. Faqat bir oz vaqt, yana ozgina, hech boʻlmasa shu norasida esini tanib olgunicha undan marhamatingni ayama".

Bobobek momosi oʻzini nazarda tutayotganini bilib, xuddi uygʻoq yotganini sezib qoladiganday, pirpiragan koʻzlarini qattiq yumib oldi.
– Uning oʻrniga mening jonimni ol. Erim hali koʻpchilikka, qishloqqa, nabirasiga kerak. Men esa qoʻlidan bir ish kelmaydigan notavonman. Tirik yurganimdan hech kimga naf yoʻq. Bu bosh oʻlimdan boshqa hamma narsani koʻrib boʻldi. Parvadigorim, gaplarimga ishon, dunyodan hech qanday armonim yoʻq. Dargohingga borishga shayman.

Yoʻq, momosi hali duosini tugatmadi. Bolakay esa shu yergacha eshitib, yana uyquga ketadi. Kim bilsin, Robiya xola qachongacha duo oʻqidiykin? Ehtimol nabirasidan bir oz keyin uxlagandir, ehtimol, tonggacha Xudoga nola qilgandir?

Robiya xolaning hay-haylashiga qaramay, Suyun ota azonlab kiyindi.
– Gandiraklaganingizdan bir qadam yurolmaysiz, shu yomgʻirda toʻgʻon boshiga qanday borasiz?

Bobosi va momosining gaplarini aniq eshitayotgan boʻlsa ham Bobobek uygʻoqligini bildirmadi.
– Bilaman, kampir, sen meni oʻylab kuyunyapsan. Lekin odamlar menga qarab turishibdi. Nima qilib boʻlsayam borishim kerak. Yoʻlimni toʻsma.

Umrida cholining gapini ikkita qilmagan Robiya xola qanchalik qaqshamasin, ortiq qarshilik koʻrsatmadi.
– Men otingizni tayyorlayman, – deya chiqib ketdi.
– Bobojon...

Bola bobosiga qarab koʻrpaning bir chetidan sekin moʻraladi.
– Men biror yerga ketsam, uyning erkagi, posboni sen boʻlasan. Shuning uchun bunday gʻaflat bosib uxlama. Momongga qara. Erkaklar doim ayollarni: onasini, opa-singlisini, momosini himoya qilishi kerak.

Chol «yorini» ham demoqchi boʻldi-yu, baribir nabirasining tushunmasligini bilib, gapirmadi.
– Uqdingmi?

Bobobek boshini irgʻab-irgʻab, oʻrnidan turdi.
– Barakalla.
– Otingiz tayyor, chol.
– Ketyapman, – deya Suyun ota majolsiz oyoqlarida turtinib-surtinib yurdi.
– Haliyam kechmas, chol, yomgʻirni qarang, toʻxtay demaydi. Bunaqada…
– Qoʻltigʻimdan kir, – deya Suyun ota kampirining gapini boʻldi.

U amallab oyogʻini uzangiga qoʻyarkan, birdan boshi aylanib qalqib ketdi. Yerga yiqilishiga bir bahya qolgandi, yaxshiyam Robiya xola yonida ekan. Ilgarilari bir yengil harakat bilan qora qashqasi ustiga qoʻnadigan navqiron Suyun oqsoqol bugun uzangiga oyoq qoʻyishga ham kuchi yetmadi. Xojasining ahvoliga kulganday, qora qashqa ham baland kishnab nari tisarildi.
– Sizga aygandim-ku, hali darmoningiz yetmaydi.

Kampir va nabira ikki qoʻltigʻidan kirib uyga amallab olib ketishdi.
– Endi qora qashqani boshqa minolmasam kerak, – dedi Suyun ota chanqagan lablari chapillab.
– Unday demang, yaxshi niyat qilish kerak.
– Men borishim kerak edi, toʻgʻonboshiga borishim kerak edi. Bormasam, qishloq yana yozda suvsiz qoladi.

U yotgan joyida qoʻlidan hech narsa kelmayotganidan, ilojsizligidan kuyunardi.
– Qoʻying oʻsha toʻgʻonni, vayron boʻlib ketmaydimi?

Cholining ahvoliga chidolmagan kampir yuzini kaftlari bilan yashirib yigʻlab yubordi. – Olti bolangizga bunchalik kuyunmagandingiz, yotib qolganingizda bir kelib xabar olmaydigan begonalarni oʻylab buncha kuyasiz.
– Unday dema, kampir. Bu qishloq ota makonim. Uning odamlari menga omonat. Oʻlim oldida hammamiz ojizmiz. Kuyganim bilan bolalarim qaytarmidi?

Vaziyat oldida ojiz bolakay esa xuddi qush polaponiday bir chekkada hammasini jimgina kuzatardi.

Oraga choʻkkan dilni oʻrtovchi ogʻir sukunatni, nihoyat, Robiya xola buzdi.
– Qora qashqangizga minib toʻgʻonboshiga oʻzim boraman.

Chol va nabira yalt etib xolaga qaradi.
– Menga nima deyishim kerakligini ayting, odamlarga yetkazaman.

Chol qoʻrquv va hayrat aralash soʻradi:
– Chindan bormoqchimisan?
– Ha boraman, menam bir vaqtlar otda yurishda sizdan qolishmaganman.

Otaning kirtaygan koʻzlariga nur enganday porlab ketdi.
– Unda odamlarga ayt, toʻgʻonning avval darabetini mustahamlashsin, agar shu tomon pishiq boʻlsa, qolgani bir yilga chidab beradi.
– Haliyam oʻylab koʻr, bu yomgʻirda yurish qiyin, – deya ikkilandi chol yoʻlga chiqishga hozirlik koʻrayotgan kampiriga.
– Shu toʻgʻonni, odamlarni deb ignaning ustida yotgandek yotibsiz. Bu yerda sargʻayib, qoʻl qovushtirib oʻtirgandan koʻra urinib koʻrish kerak. Bobojon, sen uyda qolib, men kegunimcha bobongga qarab turasan. Yoʻqligimni bildirma.

Qariganiga qaramay, haliyam qotmadan kelgan, chayir kampir yoʻlga tushdi. Anchadan beri ot minmagani uchun qora qashqaga engashishga bir oz qiynaldi. Oqsoqoldan boshqani mingashishga qoʻymaydigan ot ham qaysarlik qildi. Yoshi yetmishga borib qolgan xola baribir otga minolmasdi. U qoʻli bilan imlab nabirasini yoniga chaqirdi.
– Menga qara, agar bobong soʻrab qolsa, momom otga minib ketdi deb ayt, tushundingmi?
– Xoʻp.

Bobobek burnini tortib qoʻydi.

Jala hamon chelaklab quyar, loy yerda bilchillatib qadam tashlagancha ot va uni yetaklagan kampir sekin uzoqlashishdi.
– Momong ketdimi?
– Ketdi.
– Beri kel, bolam.

Suyun ota xirillar, isitmalaganidan vujudi oʻt boʻlib yonardi.
– Bu yoqqa oʻtir. – U nabirasiga yonidan joy koʻrsatdi.
– Bobojon, agar hozir koʻzlarim birdan yumilib qolsa yoki bobo deganingda indamasam, sen qoʻrqma, xoʻpmi? Men qattiq uxlagan boʻlaman. Momongga ayt, yigʻlab meni uygʻotib yubormasin. Undan koʻra toʻgʻonni tezroq bitkazishsin.

Chol tomirlari boʻrtib qolgan, titroq va ozgʻin kaftlari bilan nabirasining doʻmboqqina qoʻllarini ushladi.
– Bu uydagi mendan keyingi erkak sensan. Oqsoqolning nabirasi degan nomni doim oqla. Momongni ehtiyot qil. Meni tushunding-a, bolam?

Bobobek otaning gaplari ma’nosini tushunmagan boʻlsa ham, boʻgʻziga allanechuk iztirob tiqilib, yigʻlagisi keldi.
– Tushundim, bobo.

Suyun ota keyin ham nimalardir deb pichirladi. Ammo bu gaplarni anglab boʻlmas edi. Bir ozdan soʻng esa tinchib qoldi. Koʻzlari yumilib, qoʻllari bolakayning kaftlaridan sidralib tushdi.
– Bobo, bobojon, – deya qoʻrqib ketgan bolakay cholni bir-ikki marta turtdi. Ammo u jim edi. Binobarin endi boshqa gapirmasdi, qimirlamasdi, koʻzlarini ham ochmasdi.

Hali bu dunyoning ochilmagan sir-asrorlari, tushuniksiz iztiroblari, atab boʻlmaydigan hislari borligini murgʻakkina bola qaydan bilsin? Bobosini sovuqqotmasin deb ustiga koʻrpani yaxshilab yopdi-da, oʻzi oʻynagani tashqariga chopqilladi.

Oti ham, oʻzi ham yarimbeligacha loyga botgan, kun boʻyi yomgʻir tagida boʻlgani uchun kiyimlari suvga boʻkkan Robiya xola uyga qosh qorayganda kirib keldi. Bostirma tagida loy oʻynayotgan nabirasini koʻrib koyib berdi.
– Baribir bolaligingga borasan-da, shu jala, izgʻirinda senga zarilmi? Yotmaysanmi oʻrningda oʻranib. Senga bobongga qaragin deb tayinlagandim-ku.
– Bobom uxlayapti, – dedi sovuqqotganidan lablari koʻkarib ketgan Bobobek.
– Bir qoshiq issigʻi boʻlmaganidan keyin och qoringayam, toʻqigayam uyquni tortadi-da. Boshqa nima qilsin? Yolgʻiz bolamdan qolgan yodgorim qiz boʻlganida qandoq yaxshiydi-ya. Bobosi ikkimizning issiq-sovugʻimizdan xabar olardi. Qari holimga oʻchoq boshida kuymalanmasdim.

Kampir javrab-javrab otni bogʻlagani otxonaga ketdi. Bobobek momosi otxonadan kelguncha uyga kirib koʻrpasiga oʻrandi.
– Osmonning tagi teshilganmi nima balo? Yomgʻir tinay demaydi, – bola momosining uyga kirayotganini ostonadayoq javrashni boshlaganidan bildi. – Suv boshimdan kirib, oyogʻimdan chiqdi. Toʻgʻonda ishlayotganlarning-ku boʻlari boʻlgan. Faqat sizning hurmatingiz uchun tik turishibdi oʻshayoqda.

Kampir choli tomonga qaramas, hoʻl kiyimlarini qoziqqa ilish bilan band edi.
– Oʻjarligingiz ish beryapti. Baraka topsin odamlar, izzatimni joyiga qoʻyib biror nima deyishmadi. Sizni aytib yubordi deganim uchun jimgina qilishdi. Yana bir kun kecha-kunduz demay gʻayrat qilishsa, ish bitadi. Xudo oyoqlarimga kuch bersa, bugun kechasiyam toʻgʻonboshida tursam, ish ertaga shomgacha tugaydi. – Xola cholining majol topib biror javob qaytarolmasligini bilar, ammo loaqal ovoz ham chiqarmaganiga hayron boʻlib Suyun otaga qaradi. – Chol, uxlayapsizmi?

Ota indamadi.
– Shuncha gapni kimga gapirdim?

Ota hamon jim.

Robiya xolaning yuragi qandaydir baxtsizlikni sezganday gʻashlandi. Hozirgina porlab turgan koʻzlaridagi nur oʻrnini ma’yuslik egallab, choli tomon yurdi. Suyun bobo oʻranib olgancha qotib uxlardi.
– Chol, uygʻonmaysizmi?

Yigʻlamoqdan nari-beri turgan kampir koʻngliga kelganlari yolgʻon chiqishini Xudodan oʻtinib, titragan qoʻllarini otaning yuziga bosdi. Suyun ota muzday edi. Kampir seskanib ketdi. Bir muddat karaxtlikdan soʻng, hushini yigʻib oʻzini erining ustiga tashladi.
– Meni qoʻrqitmang, koʻzingizni oching. – U dod solib cholining yoqalaridan ushlagancha silkiladi. – Bizni yarim yoʻlda tashlab oʻzingiz qayoqqa ketyapsiz? Kimlarga ishonib ketdingiz? Koʻzingizni oching.

Umrida momosini bu ahvolda koʻrmagan bolakay qoʻrqqanidan koʻrpaning bir burchagidan chorasizgina moʻralardi.
– Evoh, bu qanday qora kun boʻldi? Ey Xudo uning oʻrniga mening jonimni olsang boʻlmasmidi? Men oʻlsam boʻlmasmidi? Yo Alloh, sendan oʻtingandim-ku, yolvorib soʻragandim-ku. Endi yetimchaning holi ne kechadi?

Momosining dunyoni unutib yigʻlayotganiga Bobobek chidolmadi. Choʻchiyotgan boʻlsa ham xolaning yoniga bordi.
– Momo, – dedi u sekingina.

Ortiga oʻgirilgan kampir nabirasini koʻrib shoshib qoldi. Duvillab quyilayotgan koʻzyoshlarini artib kulimsiradi.
– Bolam, sen tashqarida oʻynamayotganmiding?
– Sovuqqotdim.
– Ie, seni koʻrmabman-da, bolam. Koʻrganimda bobong bilan gʻijillashmasdim. Qara, bobongni, miq etmay yotishini. Kasal boʻlish yoqib qolgan bu kishiga. Faqat yotaverib taltayib ketdi. Shunga urishayotgandim.
– Bobom oʻldimi?

Uning toʻsatdan bergan savoli xolani battar gandiraklatib qoʻydi.
– Bobong oʻlgani yoʻq, uxlayapti. Charchagani uchun qattiq uxlayapti.

Bobobek momosining gapiga ishonmagan boʻlsa ham, boshqa narsa soʻramadi.
– Bobojon, bolam, kiyin. Issiqroq boʻlsin.
– Qaerga boramiz?
– Toʻgʻonboshiga. Odamlar bobongni kutishyotgandi. U kishi borolmaydi, oʻzimiz boramiz. Bobong, – xola shu yerga kelganda ogʻir xoʻrsindi. Koʻylagining etagiga koʻzlarini artdi, – uxlashidan avval senga hech narsa demadimi?

Bola bir oz oʻylandi.
– Momong yigʻlamasin, undan koʻra toʻgʻonni bitkazsin dedi.
– Shunday deganini koʻnglim sezgandi.

Kampir cholini uyda yolgʻiz qoldirarkan, nabirasini eshitmayapti deb oʻylab sekin pichirladi.
– Meni kechiring. Hammaga ovoza qilolmayman. Toʻgʻonboshiga borishim, odamlarni ishni tezroq bitkazishlariga undashim kerak. Buning uchun mendan ranjimang. Axir oʻzingizning xohishingiz ham shu edi-ku. Bobojonni yoningizda qoldirardim. Lekin u hali goʻdak, qoʻrqadi. Bir oʻzingizni qoldirayotganim uchun meni kechiring. Agar hozir odamlarni janazaga yigʻsam, ish qolib ketgani uchun meni kechirmaysiz.

Uy eshigini mahkam yopgan kampir, pechkani yoqmadi. Derazalarni ochiq qoldirib, qosh qorayganda nabirasi bilan yoʻlga tushdi. Tinmay quyayotgan yomgʻir ostida, bolakay otda, kampir esa yayov, horgʻin odimlaydi. Goʻyo xojasining oʻlimiga aza tutganday qora qashqa ham qadamlarini ogʻir tashlaydi.

Ular toʻgʻonboshiga yetib kelgan zahoti kampirning yoniga Tursunboy xalloslab yugurib keldi.
– Otam kelmadimi?
– U kishi kasal, yurolmaydi. Tinchlikmi?
– Odamlarni olib qololmayapman. Ketamiz deyishyapti. Nima qilishni bilmay boshim qotib turgandi.
– Toʻgʻon-chi...?
– Yomgʻir hammaning jonidan oʻtib ketdi.
– Lekin atigi bir kunlik ish qolgan.
– Shuni tushuntirolmayapman-da, ena.

Kampir indamay, usti sirpanchiq toshlar oralab, yirik koʻlmaklarni kechgancha toʻgʻon tomon yurdi. U yerda ish toʻxtagan, odamlar oʻzini pana joylarga olgandi.
– Bu yerda nima boʻlyapti?

Odamlar noiloj xolaga salom berishdi.
– Bir kunlik ish qolganda, oʻzingizni chetga olyapsizlarmi? Shuncha mehnatingizga achinmaysizmi? Yil boʻyi doʻnglikdagi yerlarni sugʻorishga yetadigan suv bekorga jarga oqib ketaveradimi?
– Bu yomgʻirda ishlab boʻlmaydi, tushuning, ena, – deya gapga qoʻshildi Ali mirob. – Amallab quygan betonimizni suv yuvib ketyapti.
– Lekin shu holiga tashlab ketsak, toʻgʻon butunlay buzilib ketadi-ku.
– Aql oʻrgatmay jalada oʻzingiz bir ishlab koʻring, keyin bilasiz.

Robiya xola qorongʻi boʻlgani uchun kim gapirganini anglolmadi. Ammo tashlangan shu luqma qari kampirning yuragida mudrab yotgan nimanidir uygʻotib yubordi.
– Mayli, kim ketishni xohlasa ketsin, qolganini oʻzim qilaman.

Bobobek momosiga hayron tikildi. Robiya xola yigʻlar, ammo yoshlari yuziga urilayotgan yomgʻir tomchilari bilan aralashib sezilmayotgandi. Biroq shu gʻamnok yuzlarda ham katta kuch va iroda bor edi.
– Men shu toʻgʻondan bir tomchi suv olmasam ham kunim oʻtadi. Oqsoqol sizlarni, qishloqni oʻylagandi. Bir umr shularni deb yashadi. Lekin xayf sizlarga. U kishi qadriga yetmaydigan odamlar uchun kuyib-pishganini bilsa edi…

Kampir boshqa gapirolmadi. Etaklarini turib, toʻgʻonning baland devoriga koʻtarila boshladi. Vaziyatni qanday baholashni bilmay ikkilanayotgan bola ham momosiga ergashdi. Kampir nima qilish kerakligini ham, qanday qilish kerakligini ham bilmas, hali qotmagan tsementni tekislar, kuchi yetgan toshlarni u yoqdan bu yoqqa siljitardi. Uning ishi toʻgʻon qurilishiga oʻxshamas, faqat alamidan nima qilarini bilmayotgan xola shu bilan ovunayotgandi.

Xolaning toʻgʻon yuqorisida turganidan xijolat boʻlgan odamlar birin-ketin ishlagani turishdi. Hamma qoʻzgʻaldi. Ish ham, gurung ham, jala ham avjida. Tonggacha, to toʻgʻon bitmaguncha qancha majburlashsayam kampirni hech kim pastga tushishga, panaga oʻtishga koʻndirolmadi. U ish tamom boʻlgunicha, odamlar yonida, tik oyoqda turdi.

Bobobek momosini kuzatarkan, uni ulgʻaytirgan besh yil bir boʻldi-yu, shu bir kun bir boʻldi. Chunki uning qarshisida javrashdan boshqa narsani bilmaydigan qari momosi emas, vujudida ulkan kuch uxlagan inson turardi.

Nihoyat, toʻgʻon bitdi. Odamlarning ha deyishga sillasi yoʻq. Madordan ketgan Robiya xola koʻzlarini qisib toʻgʻon tomon qaradi. Atrofga tong yoyilgan, yomgʻir esa tina boshlagandi.
– Toʻgʻoningiz bitdi, chol. Endi xotirjam boʻling, – dedi sekingina. Odamlar tarqalayotganida kampir ularga rahmat aytib xoʻrsindi.
– Bir oz dam olgach, biznikiga yigʻilinglar. Rahmatli Suyun otani soʻnggi yoʻlga kuzatish kerak.

Barcha qoʻrquv va hayrat aralash xolaga qaradi.