OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifMuzaffar Buyruqchi
Asar nomiBolakay (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Muzaffar Buyruqchi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHikoyat Mahmudova
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bolakay (hikoya)
Muzaffar Buyruqchi

— Manqal oldida oʻynashni bas qil!
— Oʻynayotganim yoʻq-ku, oyi.

Bola kul ichidan otashkurakni tortib olib, manqalning qulogʻiga ilib qoʻydi. Koʻmir allaqachon kulga aylanib boʻlgan, manqal deyarli sovib qolgandi. Faqat uch-toʻrttagina choʻgʻ kul ichida miltillab turardi.

Bola onasiga qaradi. U oyogʻini tagiga bostirib oʻtirgancha koʻylagini yamamoqda edi. Ayolning sochlari toʻzgʻigan, koʻzlari esa xuddi ularga chodraning soyasi tushib turgandek soʻnik boʻlib, yuzida hayotga nafrat ifodasi zohir edi. U koʻylagining etagini u yoqdan-bu yoqqa aylantirib, undan yangidan-yangi yirtiq joylarini topardi. U ba’zan boshini koʻtarib oʻzicha jilmayar, yoki xuddi oʻzi bilan oʻzi gaplashgandek qovogʻini uyar, yoki befarq nigohini devorga qadardi.

Bola sovqotganidan gʻujanak boʻlib oʻtirar, yuzi bilan qoʻllari koʻkarib ketgandi. U oyogʻi bilan manqalning sovigan temiriga qapishdi-da, uni likillatdi.
— Oyogʻingni ol!—deb baqirdi ayol. Bolakay boshini yelkasiga tortdi.
— Sovqotyapman!
— Oʻringa yot!
— Yotmayman!
— Yergina yutsin seni!
— Oʻzingni yutsin!

Ona bolasiga jahlla qaradi. Qani endi quloq-chakkasiga tortib yuborsang! Ha, mayli, hali suyagi qotmagan, nima deyapganini oʻzi ham bilmaydi. Boz ustiga, u haq: xona sovuq. Lekin bu ahvolda manqalni agʻdarib yuborish—ham mumkin-ku, xoʻsh, shungayam ota goʻri qozixonami? Faqat kulni yigʻib, polni artishga toʻgʻri keladida.
— Yotasanmi yoki yoʻqmi?
— Oʻzingiz nega yotmayapsiz?
— Sening nima ishing bor? Komandir topilganidan oʻrgildim!

«Komandir» soʻzini eshitib, bola kulib yubordi.
— Kulishni yigʻishtir, oyogʻingni tort!
— Xa-xa-xa!
— Senga aytyapman, yaramas!

Ayolning astoydil jahli chiqib, xuddi oʻrnidan turayotganday qoʻzgʻalib qoʻydi. Bolakay shosha-pisha oyogʻini yigʻib oldi.
— Mana tortdim! Qarang-a, oyi Ayol kulimsiradi.

Koʻchada shamol-boʻron quturardi. Shamol yomgʻir aralash qorni olib kelar, xuddi uchirib yuborguday tomlarni larzaga keltirardi. Tunukalar gumburlar, starapil yogʻochlari ayanchli gʻiyqillar, yana bir shiddat qilsa uyni ham qoʻporib yuboradiganga oʻxshardi. Koʻchaga qaragan yakkayu-yagona derazaning oynasi singan boʻlib, qogʻoz bilan yopishtirib qoʻyilgandi. Shamol dam-badam uni xuddi yelkanday doʻmbira qilardi.

Manqalning oldidagi polda yirtiq-yamoq qanordan qilingan gilamcha toʻshalgan, deraza oldida esa minder turardi. Idish-tovoqlar burchakka uyub qoʻyilgandi.

Bola qoʻllarini qoʻyniga tiqib, gʻingshidi:
— Oh, munchayam sovuq boʻlmasa!
— Yana noliyapsanmi?
— Sovqotyapman, oyi! Mana-mana, oyogʻim bilan qoʻlimga qarang. Voy- oy- oy!
— Men nimayam qila olardim —Jon holatda gapirdi ayol.— Marhamatli otamiz ollo taologa arzqil!
— Ollo taolo — otami?
— Bilmayman.
— Oʻzingiz «ota» dedingiz-ku!
— Hamma shunday deydi-da.
— Oyi, ollo taolo nima qiladi?
— Nima qiladi, deyapsanmi? Uning ishi boshidan oshib yotibdi.
— Ishlaydimi?
— Albatta, ishlaydi-da. Biz uchun yelkasini yagʻir qilgani-qilgan — qor, yomgʻir, sovuq yuboradi.
— Manavi qorniyam xudo yuborganmi?
— Ha.
— U non ham yuboradimi?
— Boʻlmasam-chi.
— Pul-chi?
— Pulam.
— Unda ayting, menga yigirma besh qurush yuborsin.
— Senga pul nimaga kerak boʻlib qoldi?
— Koʻmir sotib olaman.
— Yana-chi?
— Non olaman. Quloq soling, oyi, agar yana besh lira soʻrasam, ollo taolo yuborarmikin? Sizga paypoq olib berardim. Sizning ham oyogʻingiz sovqotadi-yu. Menga hech nima qilmaydi, axir, erkakman-ku! Erkaklarga balo ham urmaydi.

Onasi uni quchoqlab, oʻpdi.
— Oʻgʻlim, oʻgʻilginam. Men haqimda qaygʻuryapsan-a. Ayol yigʻlab yuboray dedi-yu, lekin oʻzini tutdi. Oʻgʻlining boshini silab, uvushib qolgan oyoqlarini ishqadi, uning jajji qoʻllarini oʻzining qoʻyniga tiqdi.
— Oyi, agar ollo taolo menga pul yuborsa, dadamizga aytmaymiz, xoʻpmi?
— Aytmayman. Sen unga hech narsa olib bermaysanmi?
— Men uni yomon koʻraman. Koʻmir olib kelmaydi, sizni sigir, qanjiq deb chaqiradi. Oyi qanjiq degani nima degani?
— Hech nima, bema’nilik,— dedi ayol.— Men ham dadangni yomon koʻraman, lekin nimayam qila olardim.

Qosh qoraya boshladi. Xonada xuddi yertoʻladagidek sovuq hukmron. Deraza ortida faqat shamol uvillaydi. Odatdagidek mushuklarning miyovlashi-yu, itlarning akillashi bugun eshitilmasdi. Ertalabdan beri yomgʻir aralash qor urib yotibdi. Badqovoq, boʻtana xalqoblar toshkoʻchada yiltillardi. Loyni shapillatgancha odamlar oʻtishdi, ularning soyasi oynada aks etdi. Qoʻshni kulbalarda xiragina chiroqlar yoqildi. Onda-sonda u yerdan ayollarning chinqirgan ovozi, xirqiroq erkak yoʻtali hamda soʻkish eshitilardi. Keyin qandaydir gʻayri-tabiiy shovqin eshitildi. Ayol koʻchada nima boʻlayotganini koʻrish uchun oynadan qaradi. Ikki kishi yogʻoch ombori oldiga taxlab qoʻyilgan oʻtinlardan tarasha tortib olishayotgan edi. Kuchli shamol namiqqan qogʻozni yirtib, qor aralash xonaga otilib kirdi. Oyna oldidagi minder zum oʻtmay hoʻl boʻlib ketdi.
— Faqat shu yetishmay turuvdi oʻzi,— deya toʻngʻilladi ayol minder ustidagi choyshabni olarkan.— Un olib kel-chi.
— Nima dedingiz?
— Un olib kel deyapman, un!
— Un qayerda oʻzi, oyi?
— Kursini ustiga chiq. Qoʻlingni oynaning orqasi-ga tiq.
— U yerda yoʻq-ku.

Onasi oʻgʻlining gʻardaniga bir tushirdi.
— Voy haromi-ey! Seni faqat oʻlimga yuborish kerak, xolos!

U unni tovoqqa soldi-da, suv bilan aralashtirdi. Un shu zahoti qop-qorayib, dumaloq-dumaloq boʻlib yopishib qoldi.

Ayol xamirni iylay boshladi. Xamir quyulgandan keyin, toʻshak tagidan gazeta olib ikki bukladi-da, chetlariga xamirni quyuq qilib surkab oynaga yopishtirdi. Agar shamol pasaysa ertalabgacha, balki chidashi mumkin.

Ayol lampani yoqdi. Bola yana manqalning oldiga oʻtirib olib, tumshaygancha indamasdi. Chiroqning xira nuri bolaning ayanchli, ojiz, gʻarib, xuddi yakka-yolgʻiz vijdonga tiriklay koʻmib qoʻyilgandek murgʻak tanasini yoritib turardi. «Xudoyim, unda nima gunoh,— deb oʻyladi ayol.— Boʻlmasa ayb mendami?»

Uning zarrachayam aybi boʻlmasa ham, gunohga botib, iflos, moldek hayot kechiradi! Nega yashayapti, mazkur hayotdan nima kutyapti?— bu haqda u oʻylab ham koʻrmasdi. Eri uyda nokerak buyumdek odam edi. Undan nimayam tama qila olardi. Sovuq hamda ochlik, xudoning bergan kuni boʻlib turadigan mushtlashuv hamda soʻkishlar ayolning hislarini oʻldirib yuborgandi. Eri unga suykala boshlasa beixtiyor teskari qarab olar, lekin bari bir u bilan yashar, ochligini qondirish uchun yovvoyi odamga non daraxti kerak boʻlganidek, unga ham erkak kerak boʻlganligi uchun yashayverardi. Odam qiyinchiliklarni yengishga harakat qilib yashagani sari, tengsiz olishuvda koʻpincha shunchalik koʻp ma’naviy kuch sarf qiladiki, pirovardida uni butunlay yoʻqotib ham qoʻyadi. Natija-da, mehr-oqibat hamda sevgi-muhabbat oʻrnini beparvolik, berahmlik, oʻz yoʻlidagi hamma narsani bosib-yanchib tashlovchi hayvoniy kuch egallaydi. Agar, mabodo, bitta-yarimta shunday odamlarning qalbini tekshirib koʻrilsa bormi, unda faqat qahr-gʻazabdan boʻlak hech narsa topolmaydi. Qahr-gʻazab— chordoqlarda! Qahr-gʻazab — yertoʻlalarda. Uyda ham, xizmatda ham, xiyobonu koʻchalarda ham — hamma yerda faqat qahru-gʻazab yakkayu yolgʻiz hukmron! Agar, mabodo, bitta-yarimta epchil tekshiruvchi qahru-gʻazabdan boshqa biron-bir tuygʻuni — deylik, sevgi, ehtiros, hayotga mehr — topmoqchi boʻlsa, kunduzi chiroq yoqib ham topolmasligi kunday ravshan. Yakson qilingan, loy-balchiqqa bulgʻangan narsani qayerdan ham topa olardi.

«Peshanam shoʻr ekan-da», deb oʻylardi ayol.
— Botinkam yoʻq,— dedi birdan bolakay.
— Boʻladi! Tuyani dumi yerga tekkanda.
— Otam olib bersin.
— Uning oʻzini sotib olishsa koshkiydi. Bola onasining koʻzlariga hayrat-la tikildi.
— Agar oʻlib qolsam-chi?
— Menga nima?
— Yigʻlamaysizmi?
— Qiladigan boshqa ishim yoʻqmi? Kim uchun yigʻlay? Ikki kunning birida birlira olib keladigan, tunlari esa mast boʻlib kelib meni doʻpposlaydigan otangga aza tutaymi? Sen ham juda yaxshisan! Ikkovingniyam iloyo jin ursin!
— Ha-a. Agar siz oʻlib qolsangiz-chi, mana koʻrasiz, men rosayam yigʻlayman. Sizsiz meni otam kaltaklaydi. Oyijon, otamni yomon koʻraman. U xuddi ayiqqa oʻxshaydi. Bilasizmi, loʻlilarning ayigʻi bor, xuddi ana oʻshan-ga oʻxshaydi. Quloq soling, oyi, katta boʻlgach, maktabni tugataman, siz qoʻrqmang. Xuddi Umarga oʻxshab ijaraga uy olib beraman. Otamni esa olib ketmayman. Koʻzimdan yoʻqol, deyman! Sen bizga non olib kelmagansan, doʻpposlagansan.

Bola onasining qoʻlini ushlab oʻpdi,
— Aytgancha, oyi, siz ollo taolodan pul soʻramoqchi edingiz.
— Yaxshisi, oʻzing soʻray qol,— dedi ayol
— Qanday qilib?
— Ollo taolo degin.
— Ollo taolo.
— Meni tezroq katta kil.
— Meni tezroq katta qil.
— Menga aql ato et.
— Menga aql ato et.
— Haq yoʻldan toydirma.
— Haq yoʻldan toydirma.
— Menga pul yubor.
— Menga pul yubor.

Bola qoʻlini oldinga choʻzdi.
— Xoʻsh? Nega bermayapti?
— Hozir emas, bolajonim. Katta boʻlganingda ishlaysan, ana oʻshanda beradi.

Bola oʻrnidan sakrab turdi.
— Siz meni aldadingiz? Menga hozir kerak. Ovqat yegim kelyapti!
— Axir, hozirgina ovqatlanding-ku.
— Hozir emish! Oʻzingiz aytdingiz-ku: koʻz ochib-yumguncha kech boʻlib qoldi-ya, deb. Chiroqni Ham yoqdingiz.
— Axir, hech vaqo yoʻq. Ishonmasang, savatga qara. Koʻryapsanmi, yoʻq.
— Xoliqdan soʻrab koʻraman.
— Mumkin emas.

Bola oyoqlarini tapillatdi.
— Non yegim kelyapti! Non, deyapman, non! Bir burda boʻlsayam, mayliydi, oyijon! Qornimga qaragin, qapishib yotibdi!
— Yoʻq boʻlsa osmondal olib beramanmi? Agar a’zoyi badanimni tilkalab yuragimni olishning iloji boʻlsa olib bera qolardim. Sen ham xuddi otangga oʻxshash hayvonsan! YO xudoyim-ey! YO xudoyim-ey! O qodir xudr, oʻz qulingning ruhini tezroq qabul qilib ol, men manavilardan qutulay! Oʻldir meni!
— Menga nima boʻladi, a, menga?

Ayol yuzini qoʻllari bilan berkitib oldi. Keyin derazaga qaradi, qogʻoz ivib ketgan boʻlsa ham, hali ilinib turardi. Ayol sakrab turdi-da, xonaning u burchagi bilan bu burchagiga yurdi, keyin oʻrniga oʻtirdi, keyin yana turdi.
— Oh, bolajonim! Bilaman, hammasini bilaman! Lekin qoʻlimdan nima ham kelardi? Hech narsam yoʻq!

Qani, oʻrningga yot! Karagin, koʻzlaring yumilib ketyap-ti. Yota qol, oʻgʻlim boʻlaqol! Ertaga — tezroq tong ota qolsaydi — men senga nimalar olib berishimni koʻrasan.
— Nima olib berasiz, oyi?
— Xohlaganingni.
— Xoʻrozqand.
— Xoʻp boʻladi.
— Kitobcha.
— Kitobchayam.
— Botinka. Non ham oling! Har doim uyimizda non boʻlsin. Xoʻpmi, oyi?
— Xoʻp boʻladi, oʻgʻlim. Endi yotib uxla. Bola oʻrniga yotadi.
— Men otamni sevmayman. Siz uni yaxshi koʻrasizmi, oyi?

Ayol javob bermadi. Pilikni pasaytirib, minderga oʻtirdi.

«Sevmayman»,— dedi u oʻziga-oʻzi. U bu hissiyotii allaqachon unutib yuborgandi. Balki, uyga har turli buyumlar kabi erkak ham kerakdir. Lekin u hozir eridan xuddi keraksiz boʻlib qolgan yirtiq koʻylak, toʻzigan tuflidek xalos boʻlishni xohlardi. Mana hozir u uyga qaytadi — ayol seskanib ketdida, yuzini qoʻllari bilan berkitib oldi. Uni isitma oʻz otashiga oldi. u qoʻrquvmidi? Ha, qoʻrquv. Mana, uzoq yillardan beri eri eshikda paydo boʻlishi bilanoq ayolni nafrat tuygʻusi qamrab olardi. Eshik hech qachon ochilmasaydi, deb orzu qilardi ayol. Hammasi joniga tekkan edi: erining soʻkishlari ham, mushtlari ham, poyma-poy gap-soʻzlari ham, ahmoqona maslahatlari ham — oʻzing bandam degin, olloh! Agar u erini kutayotgan daqiqada eshik ochilmasa uning yuragida quvnoq, yorqin chiroq porillab ketardi. Faqat bolakay bir oz ulgʻayib, oʻzini tutib olib, ishga tushib ketsa boʻlgani. «Men butunlay es-hushimni yeb qoʻyibman, nima qilishni, qayoq-qa borishni bilmayman, Agar mana shu odam boʻlmaganda men oʻz yoʻlimni topib olgan boʻlardim, nima qilish kerakligini ham bilgan boʻlardim.» — deya pichirlardi ayol umidsizlikka tushgancha.

Bola uxlab qoldi.

«Oʻzim ishga borarmidim.»

Eshik ortida shitirlagan ovoz eshitildi. Taqillatishyapti, shekilli? U sakrab turdi-da, qoʻrqa-pisa eshikni ochdi. Sovuq bilan birga xonaga mushuk ham lip etib kirdi.

Kelmasa koshkiydi. Koshkiydi.

Qayerdadir, uzoqda, radioda yoʻgʻon erkak ovozi eshitila boshladi.

«Aqalli, turmushim osoyishtaroq boʻlarmidi. Ozgina boʻlsa-da, nafasimni rostlab olardim.»

U bolasining ustiga engashib yonogʻidan oʻpdi-da, koʻrpasini toʻgʻrilab qoʻydi.

Eshikni taqillatishdi: «Mana, nihoyat, keldi!»

Ostonada politsiyachi turardi.
— Siz — Halimamisiz?
— Men! Nima boʻldi?

Politsiyachi nigohini tushirdi. Shosha-pisha choʻntagini titkilab, gʻijimlangan roʻmolcha, taroq, bir necha qurush mayda pul, qalamning qoldigʻi, yon daftarcha, bir pachka sigaret olib, bularning hammasini unga uzatdi.
— Mushtlashuvda sodir boʻldi. — dedi u.
— U hozir qayerda?
— Oʻldi. Xudo sizga uzoq umr bersin! Kasalxonaga olib ketishdi.

Politsiyachi kasalxonaning adresini aytdi-da, u yerga borish mumkin, deb qoʻshib qoʻydi.

Ayol eshikni ohista berkitdi. Derazaga, keyin uyqusida tez-tez nafas olayotgan bolaga qaradi. Daf’atan jilmaydi, oynaga yaqinlashib, taroqni oldi-da, sochlarini taray boshladi.

Koʻchada allaqachon tun choʻkkan. Havo ajoyib boʻlsa kerak. Eh, koʻchaga chiqib, xohlaganingcha aylanib kelsang.

Ayol tiz choʻkib, bolasiga suykalib, qoʻllariga yopishdi, keyin uning yonogʻidan, labidan oʻpa boshladi.
— Oʻgʻlim! Arslonim! Ertaga nima xohlasang, hammasini olib beraman. Hammasini!

U bolaning yoniga yotib, anchaga dovur uxlay olmadi. Shiftning qorayib ketgan yogʻochlari tirqishidan uning oldiga odamlar tushib kelishardi. Ular ashula ayti-shardi. Odamlar qoʻshiq aytishardi, shuningdek, kunlar goʻzal hamda yorugʻ edi.