OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiAyo, ishq! (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ayo, ishq! (hikoya)
Nabi Jaloliddin

Odatda yakshanba kunlari allamahalgacha uxlardim. Bu safar negadir erta uygʻonib ketdim. Tong yorishgan boʻlsa-da, hali quyosh koʻtarilmaganidan uy ichi nim qorongʻu, lekin kichkina derazadan koʻkish-oq osmon koʻngilga ajib oydinlik baxsh etib, jilmayib turganday. Bu yerga kelganimga bir hafta boʻlganiga qaramay, bunaqa manzarani hali biror marta kuzatmagan edim. Oʻqishga boradigan kunlarimda erta tursam ham, bugungidek osmonga qarab oʻtirmasam kerak-da. Chunki darsga otlanishdan oldin yuvinish zarur, soʻng nonushta deganday, kiyim-boshlarni tartibga solish esa men kabi choʻntagida hemiri yoʻq tolib uchun yashashning, tagʻinki, yoqimli yashashning eng muhim vositasidir. Shunaqa ekan, osmonga qarashu uning rangini aniqlashga vaqtim boʻlarmidi. Va eng asosiysi shuki, hech qachon bugungidek yengil, orombaxsh holatda uygʻonmaganman, shuurim bu qadar oydinlikka roʻpara kelmagan.

Ana, qandaydir qush sayray boshladi. Avvaliga men bu qush miyamda sayramayaptimi, deb oʻyladim. Bir pas diqqat bilan xumor bosdi qilganday quloq solib turgach, qush hovlida ekaniga ishondim. Men qushlarning turlarini yaxshi bilmasdim, bilganim — chumchugʻu musicha edi. Ha, aytganday, qaldirgʻochni ham juda yaxshi tanirdim. Boshqalarining esa ovozlarini tanish tugul nomlarini ham bilmasdim. Lekin hozir sayrayotgan qushning tovushi negadir tanishdek edi. Bu tanishlik shundayki, oʻsha qushning sayrashini goʻyo avval ham hozirdagiday maza qilib eshitgandim. Yoʻq, u bulbul emasdi, uning ovozini yaxshi taniyman. Haqiqiy bulbulni koʻrmagan, sayrashini eshitmagan boʻlsam-da, taqlidiy ovozlarini televizorda koʻp bor tinglaganman.

Aytgancha, kampir nima qilayotganiykin, sayroqining xonishini u ham eshityaptimikin? Bu qushni balki kampir tanir? Shuni oʻyladimu, hali, albatta, qushning nomini soʻrab koʻrishni dilimga tugib qoʻydim.

Institutga kirgach, ikki yildan ortiq qishloqdan qatnab oʻqidim. Oxir jonga tegdi, qolaversa, hozir yoʻl haqlari ham falon pul. Ham har kuni yoʻlga ketadigan vaqtim tejaladi. Ertalab darsga kech qolishlar ham barham topsa, ajabmas. Soʻrab-surishtirib, eski shahardan mana shu kampirning uyini topdim. Yolgʻiz yashar ekan. Nega yolgʻiz yashashini bilmayman, qismati shunday boʻlsa kerak-da... Kampir yaxshi qarshi oldi, birinchi kuni quling oʻrgilsin osh bilan siyladi, goʻyo suhbat qabilida yetti pushtimni surishtirdi. Aksariyat shahar hovlilari kabi bu hovli ham kichkinagina edi, oldi ayvonli, alohida-alohida ikkita xonadan iborat pastak uy. Ana oʻsha uyning darvozaga yaqin xonasi menga berildi. Bu uyda avval ham talabalar turgan shekilli — uchta eski karavot tartibsiz turar, ikkitasi «yalangʻoch» boʻlib, bittasida oʻngib ketgan bolishu koʻrpa bor edi. Devorlar sargʻimtir, koʻp joylari koʻchib tushgan, u yer-bu yeriga turli suratlar yopishtirilgan, ba’zilarining yarim-yortisi yirtib olingan. Hammayoqda chang. Xullas, kiyimlarimni almashtirib, xonani supurib-sidirishga tushdim...

Mana, oʻsha binoydek sarishtali xonada derazaga tikilib, notanish qushning xonishini tinglab yotibman. Endi turish kerak, deyman oʻzimcha. Hozir negadir tashqariga chiqib, butun olamni birvarakay quchib, bagʻrimga bosgim keldi... Ayvonga chiqdimu, eng avvalo, «hofiz» qushni nigohim bilan izlay boshladim, lekin u endi tinchib qolgandi. Hafsalam pir boʻlayotganda tongning salqin, xushta’m sabosi bagʻrimni yumshatdi. Bugun olamning rangi boshqacha edi, buni aniq sezdim. Sezdimu bu betakror fusunu huzurni kampirga ham ilinib, chapga — uning xonasi tomonga qaradim. U ayvondagi soʻrida bolishiga chigʻanogʻi bilan yonboshlab, koʻzlarini yumgan koʻyi tasbeh oʻgirardi. Goʻyo bu olamdan bexabardek, meni ham sezmayotgandek edi. Kampirning holatidan zavqim keldimi, beixtiyor lablarim qayrilib, jilmaydim, mehrim joʻshdi. Yana toʻrt devor osha olamga tikildim, koʻksimni toʻlatib nafas oldim, boshim aylanib, sarxushlandim. Nazarimda, avj ololmayotgan ikki-uch tup daraxtli kichkinagina hovli ham bugun kengayib ketgandek edi. Oʻng tomondagi qoʻshnining hovlini boʻgʻib turgan baland gʻishtin devori xuddi ancha nariga surilgandek. Hovlining narigi burchagiga har kuni ikki qadam tashlab, yetib olardim, bugun esa ancha uzoq yurdim. Qaytib, krandagi muzdek suvda maza qilib yuvindim, huzur bilan artindim. Uyga kirib, oʻzimni tartibga solib, ayvonga qaytib chiqqach, hamon koʻzlarini yumgancha tasbeh oʻgirib yotgan kampirga yana mehr bilan tikildim. Uning tasbeh shodalarida quyoshning qizgʻish nurlari jilvalandi.
— Assalomu alaykum, ena! — dedim soʻriga yaqinlashib. Kampirning holati oʻzgarmadi, faqat koʻzlarini qiya ochib, cheti bilan menga nazar tashladi.
— Ha, yaxshi yotib turdingmi, bolam? — deya soʻradi past, lekin xirgoyi qilayotgandek ovoz bilan. — Qandaydan, bugun erta turibsan?
— Bilmadim... Turgim keldi-da. — soʻrining chetiga — kampirning roʻparasiga omonat oʻtirdim.

U ham oʻrnidan turib oʻtirdi. Qarilikning aksi koʻringan kulrangmonand yuzida va hiyla qisilgan koʻzlarida quyoshning qizgʻish nurlari oʻynadi.
— Qani, omin, tinchlik-xotirjamligini bersin. Allohu akbar! — deya yuziga fotiha tortdi.

Men ham unga ergashdim.
— Choy ichdingizmi, ena?
— Yoʻq, sen bilan ichgim keldi-da, bolam. — Soʻng u bolishning tagini kavlay boshladi. U yerdan bir necha marta buklangan pullarni chiqarib, ming soʻm ajratdi-da, menga uzatdi: — Novvoydan issiq non obkegin, bolam.

Men beixtiyor oʻrnimdan turib ketdi.
— I-ee, pulim bor-e, ena.

Kampir ataylab qovogʻini solib, xafa boʻlganday dedi:
— Agar pulni omasang, noningni yemayman. Ma!

Pulni oldim-da, gazga choy qoʻydim.
— Qaytgunimcha qaynab turadi, — dedim kampirga qarab, — tagʻin urinib damlab yurmang, oʻzim damlayman.

Shu payt qulogʻimga nayning ovozi eshitildi. Naymidi yo ?..
— Aytganday, ena, hali qanaqa qush sayradi?

Yana yonboshlavolgan kampir koʻzining qiri bilan menga qaradi.
— Qachon? — deya soʻradi boyagidek past ovozda.
— Hali, sen uydan chiqmasdan oldinroq.
— Bilmadim, men eshitmadimu, — dedi u va jim qoldi.

Men olislardan kelayotgan nayning mayin xonishiga quloq solib, turib qoldim. Xayolimni kampirning ovozi boʻldi:
— Balki koʻnglik sayragandir.

Avvaliga uning gapini tushunmadim-da, haligina bergan oʻz savolim esimga tushib, oʻzimcha «balki», deya miyigʻimda kulib qoʻyib, ayvondan tushgach, darvoza tomonga qayrildim.

Darvozadan chiqayotganimda nayning ovozi tindi. Aslida u nayning ovozimidi yoki?.. Bilmayman! Bilmayman!..

Koʻchaga chiqiboq e’tiborimni, eng avvalo, chap tarafdagi qoʻshnining darvozasi oldida bir kampirni juda ehtiyotkorlik bilan «Neksiya» mashinasiga oʻtqazayotgan odam tortdi. Egnidagi oppoq koʻylagini shimning ichiga tiqmay, tushirib olgan, boshida san’atkorona tikilgan oq guldastadek doʻppi, nur taralgan farishtali chehrasiga yanada joziba baxsh etgan qoshu kiprik, ixcham moʻylovi tim qora, goʻyo tovlanadi. Aslida e’tiborimni u kishining suvrati tortmadi. Yoʻq, meni yurishdan toʻxtatgan narsa boshqa edi: u munkillab qolgan kampirni (balki onasidir) shunaqayam ehtiyotkorlik, hafsala bilan, toʻgʻrrogʻi, erinmasdan mashinaga oʻtqazardiki, uning har bir harakatidan mislsiz mehr yogʻilayotgandek edi. U kishining ortida boshiga oq roʻmol yopingan ayol turibdi. Ayoldan beriroqda — menga yaqinroq tarafda esa oʻzga bir xilqat. U menga orqa qilib turar, boshida boʻyniga aylantirib tangʻilgan oppoq roʻmol, ustida tovonidan sal teparoqqacha tushgan islomiy moviy koʻylak, oyogʻida oq paypoq, guldor shippak. Uning koʻylagi keng edi, qaddi-qomatini namoyish etmasdi. Lekin moviyrang bu mato ichida oʻn olti-oʻn yetti yoshli goʻzal bir vujud yashiringani gʻoyibona sezilib turardi. Qiz ozgina qimirlasa ham, koʻylagiyu boshidagi roʻmoli xuddi buloq suvi mayin shabodada mayda toʻlqinchalar paydo qilib, jimirlagani singari nozik toʻlqinlanardi va bu har qanday uygʻoq nigohni, dilni ham ana oʻshanday toʻlqinlantirishi shubhasiz edi.

Men tek qotgan koʻyi qizdan koʻzimni uzolmasdim. Qaniydi bir qarasa, bir bor nazar tashlasayu, deya umid qilardim, yuzini koʻrishni istardim. Bu orada haligi ayol menga bir qaradiyu yana koʻzini olib qochdi. Xuddi shu lahza qiz ham men tomonga qayrildi. Oppoq roʻmolning, moviy koʻylakning toʻlqinlari kattalashdi. Mana, men shu oʻtgan bir necha soniyalarda orziqib kutgan chehra: oq pushti atirgul monand yuz, oʻsik kipriklar, qaldirgʻoch qanotidek jilvakor qora qoshlar, lablar. Bu yuzning mislsiz malohatidan uning boshidagi oppoq, top-toza roʻmolning ham ahvoli tang edi. Men sizga hozir ta’riflagan bu suvratni keyin — oromsiz tunu kunlarimda xotiramdagi mayda boʻlakchalardan yigʻib tikladim. Hozir esa men sarxush edim, boshim aylanib, koʻzlarim tinib, oyoqlarimdan mador ketib, devorga suyanib qolgandim. Yelkamdan devor ham nari qochib borardi goʻyo... Oʻzimga kelganimda qoʻshni darvozaning oldida hech kim yoʻq edi, hatto mashina ham gʻoyib boʻlgandi. Bu tushmidi, xayolmidi — anglolmadim. Oʻz holatimdan choʻchib ketdim, birrov atrofimga olazarak koʻz tashladim-da, xayolimni olib, shosha-pisha novvoyxona tomonga joʻnadim.

* * *

Non chaynardimu oʻzim, xayolim boshqa yoqlarda edi. Ostimdagi soʻrini, ogʻzimdagi qasir-qusir qilib yamlayotganim issiq nonni his qilmasdim.
— Nima boʻldi, bolam? — deya soʻradi qoʻlidagi piyolani ogʻziga olib borarkan, sinovchan tikilib kampir. — Yo sayroqi qushingni koʻrib qoldingmi?

Men olis-olislardan qaytib keldim, kampirning gapini miyamning kovaklarida aylantirdim. Qush!.. Nima demoqchi bu ziyrak kampir? Axir!.. Men «yalt» etib, kampirga qaradim. Lekin u goʻyo hech narsa boʻlmagandek, boyagi gapni ham aytmagandek, erinmay non chaynardi. Nonni yamlaganida burishib ketgan jagʻi burniga tegib ketay derdi. Buni koʻrib, hali oʻylagan oʻyimdan qaytdim. Men kampirni avliyomi, gʻaybni biluvchimikiin, deya xayol qilgandim, endi esa hafsalam pir boʻldi.

Keyin kampirdan qoʻshnilar haqida soʻramoqchi boʻlganini esladim. Koʻzlarimda moviy rang yolqinlandi. Buni enaga bilintirmaslikka urinib, bir burda nonni piyoladagi qaymoqqa botirdim va goʻyo gap yoʻgʻida gap-da, qabilida soʻradim:
— Ena, manov uyda kimlar yashaydi?

Kampir bir pas indamay turdi, soʻng,
— Koʻrdingmi? — dedi sekingina.

Men yana oʻzimni beparvo tutishga urindim:
— Nimani?
— Hmm... — dedi kampir choʻzib nafas chiqararkan. — Ular juda yaxshi odamlar. Hammalari xudojoʻy, taqvodor. Oʻsha shoʻro zamonidayam namozni kanda qilishmasdi...

Men kampirning gapira boshlaganidan xursand edim. Shu bilan birga, tezroq moviy koʻylakli qiz haqida gapirishini istardim.
— ... Juda tagli-zotli, saxovatpesha odamlar bu qoʻshnilarim. Dadalari katta savdogar, toparman-tutarman. Oʻgʻillari ham shunaqa. Kenja qizi...

Ha-ha, tezroq gapirsangiz-chi, enajon, deya orziqib ketdi yuragim. Kampir menga zimdan qarab qoʻydi.
— Kenja qizi judayam chiroyli, oʻzi otincha. Otini aytaymi?
— Ayting, ena, ayting, — deb yubordim ixtiyorsiz.

Kampir yoqimli jilmaydi-da, menga mehrli tikildi.
— Mumtozmahal...

Bagʻrim yonib ketdi, boʻgʻzimga bir narsa tiqilib, koʻzlarimga yosh sizganday boʻldi.

Kampir hamon jilmaygancha tikilib turardi. Men koʻzlarimni qaerga yashirishni bilmay qoldim.
— Bu qushni juda ehtiyot saqlaydilar, uning oshyoniga (yoki koʻngliga dedimi, bilmayman) kirish juda mushkul, bolam, joningga jabr qilmasmikinsan?..

Men endi kampirning donishmandligiga chippa-chin ishondim, ishondimu uning har bir soʻziga qul boʻldim.
— Ha, aytganday, yozuvchimiding, bolam?

Men boshim bilan tasdiq ishorasini qildim.
— Sen maktub yoz! Shunday yozki... — kampirning ovozi yanada mayinlashdi. — U oldimga chiqib turadi.

Men negadir koʻzlarimni yerdan uzolmasdim...

Dasturxonga fotiha oʻqidik. Narsalarni yigʻishtirarkanman, oyogʻu qoʻllarimning judayam ogʻirlashib ketganini sezdim.
— Qishlogʻingga bormoqchimiding, bolam?
— Ha, — dedim kampirdan koʻzimni olib qochib, — endi borolmasam kerak...

Kampir bagʻrimdagi qovjirab borayotgan umid niholimga suv quydi. Koʻzlarimdagi moviy rang sogʻinchi meni kulbamga — kichkinagina qoʻlbola xontaxtayu qogʻoz, qalamim sari yetakladi. Gʻarib toʻshakka oʻtirib, xontaxtaga suyandim, boshimni qoʻllarim orasiga oldim. Boshmidi oʻzi bu? Meni ogʻushiga olgan mana shu huvillagan, sukunatning mislsiz shovqini yastanib yotgan uy kabi boshim ham ichi boʻshligidan kattayib, shishib borayotgandek edi. Faqat qarogʻlarimga talpinayotgan sim-sim koʻnglimgina hali mening bor ekanimni anglatib turardi. Yozaman, derdim oʻzimcha, lekin nimani yozishimni bilmasdim, ne-ne qogʻozlarni qoralagan, oʻzimcha qanchalab hikoyalar, bir necha qissalar yozib tashlagan va hatto bu yozganlarimning ba’zilari xayolchan suratlarim bilan gazetalarda bosilgan, yanaki, oʻzini yozuvchi deb bilmish men hozir qogʻoz oldida juda-juda ojiz edim. Kechagina meni osmonu falaklarga eltishga qodir koʻringan endi yupun va ma’nosiz tuyulardi. Nahotki shu soʻzlar bilan koʻngilni ifodalab boʻlsa? Aslida shu vaqtgacha nimalarni yozgan edim. Shunda biz hozir nutqimizda qoʻllayotgan va hatto she’rlar yozayotgan soʻzlar naqadar dagʻallashib, gʻariblashib ketganini anglagandek boʻldim.

Men talaba edim, shu zamonning oliy maktabida tahsil olayotgan soʻzamol talaba edim. Oʻzim bilan oʻqiydigan, yuzu koʻzlari pardoz mavjidan ollangan goʻzal qizlarga gap otishda oʻylanib ham oʻtirmasdim, lozim boʻlsa, muhabbat izhor qilishdan-da toymasdim. Ularning qarshisida hozirgi ojizlikni his qilmasdim, qoʻl berib koʻrishganimda etim seskanmasdi, yuragim jizillamasdi, koʻzlariga boqqanimda husnu latofatlaridan bir joylarim jimirlardiyu, biroq bu goʻzallik yuragimga botib, mijjalarimning chetlarini achishtirmasdi va men bu haqda bosh qotirib ham oʻtirmasdim. Hozir esa moviy toʻlqinlarga bitajak maktubimni nimadan boshlashni bilolmay garang edim, kipriklarimning osti achishib-achishib ketardi.

Va nihoyat, yuragimning oʻrtanishlariga boʻyinsungan qoʻlim harakatga keldi:

«Mumtozmahal!

Oʻshanda kunning rangi oʻzga edi va bu rang qayoqdan paydo boʻlganidan bexabar edim. Gʻarib darvozaning ostonasi anglatdi menga ul rangning boshini.

Men sizni bilmayman, lekin bilardim, men sizni tanimayman, lekin tanirdim. Bunga koʻnglim guvoh.

Farhod — men, Otabek — men, oʻzim Anvar. Xayolingiz umrimga sochmish mushku anbar. Samolardan kelmishmidingiz?

Meni olamda bir mahvash giriftor ettiyu ketdi,

Boshimga soldi savdoni, xaridor ettiyu ketdi. (Suxanvar she’ri)

Devona gunohimdan oʻting! Yashashga izn bering, bu moviy olamda yashamoqqa izn bering!

Shamsiddin.»

Bir necha bor oʻchirib-yozib, qancha qogʻozlarni yirtib, kipriklarim silkinishidan siyohlar chaplashib bitgan maktubim edi...

Oradan bir hafta ztdi. Bu kunlar mobaynida maktubimga orziqib javob kutdim, deyolmayman, yoʻq, ochigʻi, javob olishimga umidvor ham emasdim. Faqatgina bir taskin mening yashashimga, umrimning davomiga umid bilan qarashga imkon berardi va shuning uchun ham doimiy tashvishlarimdan ayro tusholmasdim. Bu taskin shundan iborat ediki, nima boʻlganda ham, har tugul qalbimdagini kimgadir, toʻgʻrirogʻi, aynan oʻsha odamga toʻka olgandim va u dardimdan ogohligidan bir muncha huzurlanardim. Kunlarimni sanamasdim, men ularga shoʻngʻib ketgandim, har narsadan, voqea-hodisadan bir ma’no axtarardim va bu ma’no meni faqat va faqat oʻshal moviy toʻlqinlarga eltardi. Goʻzal kursdoshlarim endi xayolimni oʻgʻirlasholmasdi, ularning qiqir-qiqirlari ham chalgʻitolmasdi. Hech kim bilan gaplashishni istamasdim, oʻzim bilan oʻzim edim, dunyo esa bu holatimdan hayronu lol har yerda kuzatib turardi. Auditoriyada dars tinglab oʻtirarkanman, kuyunib gapirayotgan shoʻrlik domlaning ovozi uzoq-uzoqlarga sochilib ketardi. Bu darsxona emas, goʻyo keng dala edi, quloqlarimga soʻzlar emas, ularning shovqinlarigina kelib urilardi. Domla esa kichrayib-kichrayib ketardi...

Oʻshanda kampir qoʻlimga qogʻozni tutqazdiyu tanish tabassumini ham hadya etdi. Bu mahal yuragim dukurlab, qinidan chiqib ketguday boʻlar, boʻgʻzim qurib, ichimdan olov chiqayotgandek tuyulardi. Shu alpozda kulbamga kirib, maktubni ochdim, ochdimu lol qotdim. Unda aji-buji yozuvlar turardi. Avvaliga hayajonlanganimdan shunday koʻrinyaptimi, deb oʻyladim va koʻzlarimni bir pas yumib oldim. Qayta ochganimda ham hamon oʻsha yozuvlar jilva qilardi, biroq endi oʻzimni hiyla bosib olgandim. Shundagina maktub arab yozuvida bitilganini ilgʻadim. Bu jumboqqa javob izlash asnosida yozuvga tikildim, lekin birorta soʻzni ham oʻqiy olmadim, yigʻlagim keldi, xatni xontaxtaning bir chetiga surib, peshonamni ushlagancha toʻzonda qolgan tuygʻularimga toʻzim istadim. Shunda yumuq koʻzlarim ichra rahmatli opoqdadamning siymosi oqarib koʻrindi va hozirgi mushkulimni oson qilguvchi umidbaxsh bolaligimni esladim: opoqdadam «men bu bolamga sochi uzun, otincha qizlardan olib beraman», deya menga «eskicha» duolarni, arab imlosini oʻrgatardi. «Muallimi soniy»ni tugatib, «Haftiyak»ni yarimlatganimda u kishi olamdan oʻtgandi va shundan keyin men «yangicha» ilmlarga «shoʻngʻib» ketgandim. Nahotki unutgan boʻlsam, nahotki shu oʻtgan besh-oʻn yil opoqdadamning orzularini xotirimdan oʻchirib tashlagan?!

Qarogʻimda oqarib turgan siymo — bobom xotirasi, xontaxtaning bir burchagida turgan va mening hayot-mamotimni hal qilishi mumkindek tuyulgan sirli maktubni oʻqish ishtiyoqi miyamning kovak-kovaklarini kavlay boshladi-da, qoʻlimga qogʻoz-qalam olib, arabiy harflarni yoza ketdim. Yozaverdim, nomlarini eslayverdim. Yoʻq, unutmagan ekanman, oradan qancha vaqt oʻtdi, bilmayman, oʻqiy olishimga ishonch hosil qilgach, maktubni qoʻlimga olib, ochdim. Oʻshanda uning goʻzal husnixat bilan yozilganini fahmladim. Jimjimador harflar bir-birlariga osongina qoʻshilaverdilar:

«Assalomu alaykum!

Men Sizni esladim.

Balki gunoh ish qilgandirman, lekin oʻz enamdek boʻlib qolgan mehribon qoʻshnimizning koʻnglidan oʻtolmay, maktubingizni oldim. Javob yozaymi-yozmaymi deb, bir haftani oʻtkazdim. Axir bu maktubning ortida inson koʻngli turibdi-ku, deb oʻyladim soʻng. Allohning oʻzi kechirsin!

Oʻsha kuni olamning rangi boshqacha edi debsiz va bu goʻzallikning ijodkorini xato aytibsiz. Hamma narsaga qodir faqat Allohdir. Alloh taolo beadad va betimsol husn sohibidir. Ul zoti mukarram oʻzining beadad jamolining beadaddan bir ulushini biz bandalariga ham ato etmish. Bizlar bundan iftixor etmogʻimiz va Yaratganga shukronalar aytmogʻimiz lozim. Biz barchamiz goʻzalmiz.

Hozirgi aytadigan gapimni nokamtarlikka yoʻymagaysiz. Illo uning ma’nosini keyinroq tushungaysiz, inshoolloh.

Siz Farhod boʻlolmassiz, men esa Shirin. Siz Otabek emassiz, lekin men Kumushlikka qodirman. Siz Anvar emassiz, ammo men Ra’no boʻla olaman.

Men ham zaminiyman, emas osmonliq,

Vale shakkari shoʻr, biling, osonliq.

Namozlaringizda duo qilib turing. Ilohi, gunohlarimizni avf etsin!

Iltimosim — endi xat yozmang. Allohning oʻzi bir yoʻlga boshlagay.

Mumtozmahal.»

Bu sirli maktub meni xayol girdobiga gʻarq etdi, uning har bir soʻzidan ma’nolar axtara boshladim. Eng avvalo, u oʻz maktubini nega endi arabiy imloda yozganini tushundim va birinchi imtihondan oʻta olganimdan yosh boladay quvonib ketdim. Bu qizning zukkoligini qarangki, u meni oʻzining shu birgina maktubi bilan necha-necha sinovlarga roʻbaroʻ etmish. «Siz Otabek emassiz, lekin men Kumushlikka qodirman». Bu bilan nima demoqchi? Men-ku moʻmin-musulmon bir kishining imon-e’tiqodli, sharm-hayoli bir farzandiman, siz esa Otabek kabi fozil, Islom kishisi emassiz, demoqchimi? Ha-ha, aynan shunday va uning Kumushlikka qodirligi ham rost. Men esa nari borsa, bir institutning talabasiman, xolos.

«Namozlaringizda duo qilib turing...» Qarang, «namoz oʻqiysizmi?» yoki «namoz oʻqing» emas, «namozlaringizda duo qilib turing», deb yozgan. Bu odob, bu hayo, bu bir necha ma’nolarda jilvalangan soʻzlar — mening ushalmasdek tuyulgan orzuyim emasmidi? Demak, uning vasliga yetmogʻim uchun namoz oʻqimogʻim, imonga qaytmogʻim shart. Hammasidan ham uning ta’bi nazmi borligi meni behad quvontirdi, adabiyotga oshno yarim koʻnglim but boʻlgandek tuyuldi. «Vale shakkari shoʻr, biling, osonliq» degan satri menga «maqsad sari shoshilmang» mazmunida eshitilgandek boʻldi. Maktubdagi bu tagdor jumlalar, undagi sirli joziba, soʻzlardagi haliymlik va ayonki, umidbaxshlik Mumtozmahalga boʻlgan mehrimni yuz chandon oshirib yubordi. Tun boʻyi maktubni qayta-qayta oʻqidim...

Ertasigayoq bozordan namozning tartib-qoidalarini oʻrgatuvchi kitob olib keldim. Avvaldan yod bilgan duoi suralarni qayta-qayta oʻqib, namoz tartibi boʻyicha joy-joyiga qoʻyib, oʻrgandim. Kechqurun kampirdan toza mato olib, xufton namozini oʻqish uchun joynamoz qildim. Tahoratdan soʻng yorugʻ dil bilan namozni boshladim. Ilk bor peshonam sajdaga tekkanda vujudim jimirlab, koʻnglim shu qadar yumshab ketdiki, goʻyo tanamdagi har bir moʻy ostidan bir nimalar sugʻurilib, chiqib ketayotgandek tuyuldi. Koʻzlarimga yosh sizdi, tomogʻim achishdi, ostimdagi joynamoz xuddi ertaklardagi uchar gilam singari yuksaklarga koʻtarilayotgandek boʻldi. Odatda bir yoki ikki haftadan soʻng uyga borganimda va onajonim meni bagʻriga bosib, yuz-koʻzlarimdan silaganida shunga oʻxshash huzurni his qilib, erib-erib ketardim. Hozir ana oʻshanday tuygʻu qoʻynida edim. Ilk bor yuzimga fotiha tortganimda barmoqlarim, kaftlarim muloyimlashib, xushboʻy boʻlib qolganini his qildim va ulugʻ ogʻushdagi mislsiz huzurdan mastona-mastona tebrandim. Nihoyat umrim uchun yana bir ziynat kashf etdim. Kunlar oʻtaverdi, har namozimni tugatganimda, vujudim yengillashib, havo tomogʻimga shirin-shirin urilgan paytlarda koʻz oldimda oʻsha moviy toʻlqin, oq pushti atirgulmonand chehra namoyon boʻladigan boʻldi va men bu lahzalarning takrorlanishini orziqib kutardim, har namoz ortidan koʻringuvchi suvratni sogʻinardim.

* * *

Kunlarning birida shomga yaqin kampir chorlab qoldi. Soʻriga borib, qarshisiga oʻtirdim.
— Bolam, sen kelib, uyimga fayz toʻlgandek boʻldi, ilohi, umring uzoq boʻlsin! — dedi kampir ovozi titrab.
— Rahmat, ena, siz ham menga onamdek boʻlib qoldingiz, — deya koʻnglimdagi gapni ayta qoldim men.
— Baraka top, bolam! Shu-u... Bu uydan birov mahalla machitiga chiqmaganiga ham ancha yillar boʻldi. Vaqting boʻlganida kechqurunlari machitga chiqib turgin.
— Xoʻp, ena, oʻzimam shuni oʻylab yuruvdim. Doʻppi olvolay, keyin, albatta, chiqaman. Machitga yalangbosh chiqsam boʻlmas...
— Umringdan baraka top, bolam!..

Uydan pul olib kelgach, yakshanba kuni doʻppi xarid qilish uchun bozorga bordim. Doʻppi bozorning qaysi tomonida sotilishini bilmasdim, shuning uchun birovdan soʻrab ham oʻtirmay, shu bahona bir bozor aylangim keldi.

Bozorda odam tirband, bemalol yurolmaysan, goh u yelkang, goh bu yelkang bilan kimlargadir turtinasan. Bu yerda birov birovdan uzr soʻrab oʻtirmaydi, hamma oʻzi bilan oʻzi ovora, qayoqqadir shoshiladi. Latta-putta bozori choʻzilgandan-choʻzilgan, pastak qoʻlbola peshtaxtalarda dunyoning anvoyi matolari, atiru upalari, sovunu tish tozalagichlari. Bu narsalarning qorishiq qoʻlansa hidi dimogʻingga uriladi, goʻyo havo emas, ana oʻsha narsalarni yutayotgandek boʻlasan. Hamma yoqda baqir-chaqir, shovqin avjida, borliqda «bozor simfoniyasi» hukmron...

Sotuvchilarning aksariyati ayollar edi. Oriq, semiz, goʻzal, xunuk, novchayu pakana ayollar. Ular bor vujudlari bilan oʻz matolariga qorishib ketgandek, ularning rang-roʻyini oldilaridagi narsalarning tusidan ajratib boʻlmaydigandek. Barchasi kuyib-pishib savdolashishadi, ona tilidagi eng jarangdor bozorbop soʻzlarni topib gapirishadi, xaridor chorlashadi. Koʻzlarining qorachoʻgʻlari gʻalati yaltiraydi, goʻyo ular koʻz emas, chuqurdan-chuqur oʻra, ularga qancha narsa tashlamang, baribir tushmaydigandek koʻrinadi. Yuz, qosh, lablarning barcha-barchasi faqat bir narsaga — nima qilib boʻlsa-da, molini oʻtkazishga xizmat qiladi. Ana, qip-qizil yuzidan hayot va nafs ufurgan boʻla ayol oʻtiribdi. U bemalolroq oʻtirish uchun koʻylagining etagini beligacha tortib, oyoqlarini ikki tomonga kerib olganidan koʻz tushishi lozim boʻlmagan joylarigacha koʻrinib turibdi. Alvon lozimining choki biroz soʻkilganini ham yo sezmaydi, yoki ataylab parvo qilmaydi. Lozimining yirtigʻidan lorsillagan sonining bir qismi oppoq boʻlib koʻzga tashlanadi... Boʻgʻzimda nimadir qalqidi, bir tebranib qoʻyib, odamlarga turtina-turtina nari ketdim. Oʻng tomondagi peshtaxtada ayollarning katta-kichik va turli rangdagi siynabandalari goʻyo qishloq xotinlarining suprasidagi xamirturushlardek qator qilib terib qoʻyilgan. U yerda erkak zotining sirli jufti ichidan kiyadigan yana allambalo narsalar ham bor. Pastak peshtaxta ortida esa oʻttiz yoshlardagi yigit saqich chaynab oʻtiribdi. Yoshgina ikki xaridor juvon bitta siynabandni obdon koʻzdan kechirishdi-da, biri yigitdan soʻradi:
— Manovining razmeri nechchi?

Hafsala bilan saqich chaynayotgan sotuvchining jagʻi bir lahza tindi-da, «ikki» dedi va yana «kavsh qaytarishga» tushib ketdi. Ne ajabki, na bu yigit, na ular pinagini buzdilar, goʻyo mazkur savdo ular uchun oddiy salomlashishdek bir gap edi.

Mening boshim aylandi. Oʻgirilib, bir muddat koʻzlarimni yumib oldim, koʻnglim behuzur boʻldi. Endi istar-istamas, yurishda davom etdim, tezroq bu yerdan chiqib ketishni istardim. Shu payt qulogʻimga ayol kishining andishasizlarcha shanqigani eshitildi. Beixtiyor oʻsha tomonga qayrildim, aslida u tarafga qaragan bir men emasdim, hammaning nigohi oʻsha yoqqa qadalgandi: chiroyli sotuvchi juvon titrab, hadeb oldinga siltanardi.
— Uyalmaysizmi aldagani!.. — derdi uning roʻparasida turgan norgʻul bir erkak.
— Kim aldabdi, hey? Ogʻzingga qarab gapir! — deya shangʻilladi juvon. — Nega uyalarkanman? Nima, men senga ... sotyapmanmi uyalgani! — U eng sharmandali gapni sharmandalarcha baqirib aytib yubordi. — Tirikchilik deb oʻtiribman bu yerda!..

Mening koʻnglim aynidi, bir oʻqchidim-da, odamlarga turtina-turtina xoliroq joyga yugurib ketdim...

Nima boʻlganda ham oʻsha kuni doʻppi sotib oldim, qaytishda sochimni doʻppibop qilib kichraytirdim. Kechqurun mahalla masjidiga chiqdim. Turli yoshdagi odamlarning ba’zilari tashqaridagi soʻrilarda, bir qismi ichkarida takbirni kutib, past ovozda gaplashib oʻtirishardi. Ularga salom berib, ichkariga kirdim-da, bir burchakka oʻtirdim. Masjidning ichi juda salqin, huzurbaxsh, havosi xushboʻy, koʻngilni yoritar darajada yoqimli edi. Tepadagi chiroqlar sargʻimtir-qizgʻish nur sochadi, bu balki devorlarning sargʻish qilib boʻyalganidan shunday koʻrinar. Atrofda huzurbaxsh sukunat hukmron, u odamlarning past ovozlariga qorishib, dilga ajib bir halovat olib kiradi. Mana, moviy toʻlqinlar nihoyat meni masjidga olib keldi...

Bir safar namoz tugagach, kattalar chiqib olsin deya odatdagidek odob yuzasidan oʻzimni chetga olib, chiqguvchilarga yoʻl berib turdim. Namozxonlar oqimi oxirlab qolganda bir kishi men tomonga burildi.
— Omonmisiz, qoʻshni? — Bu — Mumtozmahalning dadasi edi. Men uni oʻsha ilk marta darvozasi oldida koʻrganimdayoq eslab qolgandim. Masjidga chiqa boshlaganimdan soʻng esa har kuni koʻradigan boʻldim, u kishi namoz mahali oldiroqda oʻtirgani uchun hamisha oxirida chiqardi. Qoʻshnim soʻrashish uchun ikki qoʻlini uzatib turardi. — Salomatmisiz?

Biz koʻrishdik va birgalashib tashqariga chiqdik. Men bu kutilmagan diydordan esankirab qoldim, hayajonlanganimdan biron soʻz tilimga kelmasdi. Odamlar har tomonga tarqalishgach, biz tomonga yuruvchilar ham siyraklashdi va nihoyat, koʻchada ikkimizgina qoldik. U kishi suhbat orasida mening qaysi qishloqdan ekanimni, qaerda oʻqishimni, ota-onam haqida surishtirdi. Men odob bilan javob berib boraverdim. Mana, ularning chiroq yoritib turgan hashamatli darvozasiga ham yetdik.
— Qani, qoʻshni, bir piyoladan choy ichaylik, — deya taklif qildi u.
— Rahmat, darslarim bor, — dedim muloyimlik bilan taklifni rad etib.
— Unda, mayli. Mabodo biror narsa kerak boʻlsa, tortinmay, biznikidan soʻrayvering, boʻptimi... — Uning ovozi juda samimiy va muloyim edi.

Biz xayrlashdik. Men bu muomaladan oʻzimcha ma’nolar kashf etib, qanot boylagancha kulbamga — qogʻozimga oshiqdim...

* * *

Oʻshanda shanba kuni edi. Oʻqishdan qaytib, darvozaxonadan oʻtib, uyga burilayotganimda ajib bir xilqatga roʻbaroʻ keldim — bu Mumtozmahal edi. Ularning oilasi kampirning issiq-sovugʻidan xabar olib turishardi, Mumtozmahal bu uyga qariyb har kuni chiqib, kampir bilan gaplashib oʻtirishini orqavarotdan yaxshi bilardim. Lekin hamisha men yoʻqligimda chiqardi, shuning uchun uni uchratishdan koʻpam umidvor boʻla olmasdim. Bugun esa... Ne baxtki, mening orzu-umidlarim, armonlarim, xayollarim oʻgʻrisi va ayonki, taqdirim qarshimda turardi. Va bu uchrashuv ham bejiz emasligini tushungandek boʻlardim. Oʻsha moviy koʻylak, oʻsha oppoq roʻmol, oʻsha yuz, oʻsha kipriklar — meni orziqtirgan oʻsha moviy olam butun boʻy-basti bilan qarshimda turardi. Ichimda bir narsa uzilgandek, boshim huzurbaxsh aylanar, ostimda yer yoʻqdek tuyulardi.
— Assalomu alaykum! Nega qotib qoldingiz? — Bu ovoz uzoq-uzoqlardan eshitildi.

Men nimadir demoqchi boʻldim:
— Mum... — Lekin tilim aylanmadi.
— Mum tishladingizmi? — dedi u xiyol jilmayib va lablarini roʻmoli bilan toʻsib oldi. Bu tabassum men bilgan tabassumlarga oʻxshamasdi. Bomdod mahali ufqning oqarishini koʻrganmisiz — hijob ortidan ma’sum tabassum ila iboli bir chehra moʻralayotgandek tuyuladi, uning jilmayishi ana oʻsha tong jamoliga oʻxshardi.

Endi men oʻzimni biroz oʻnglab oldim va uning soʻzlaridagi zarif tagma’noni angladim.
— Keling!.. Men... — Ming chiranmay, baribir gapira olmadim.
— Enamni koʻrgani chiquvdim... Xayr!.. — Kipriklar bir silkindi, qop-qora koʻzlar nigohimni joduli siypab oʻtdi.

Men karaxt edim, koʻzlarimda moviy toʻlqinlar chayqalardi, xolos. Shu koʻyi ancha turdim va chuqur bir xoʻrsinib, ayvonga oʻtdim.
— Assalomu alaykum, ena!
— Vaalaykum assalom. Ha, keldingmi, bolam? — dedi yonboshlab yotgan kampir va mayin jilmayib, buklogʻliq qogʻoz uzatdi. Bu maktub edi. Shoshib uyga kirdim-da, yuragim qinidan chiqquday boʻlib, arabiy imloda yozilgan maktubni oʻqiy boshladim.

«Assalomu alaykum!

Omonmisiz?

Otabeklardek irodangizga Alloh ulugʻ ajrlar bersin. Koʻtarilgan samolaringiz muborak boʻlsin!

Kecha dadam ayamga siz haqingizda yaxshi gaplarni aytibdi. Tanishib olibsizlar shekilli?..

Enamizdan mehringizni ayamang!..

Gunohlarimizni Allohning oʻzi kechirsin.

Xayr...»

Bagʻrimdan mislsiz bir quvonch boʻgʻzimga otildi, hozir goʻyo butun jonu jahonim qahqaha otardi. Yutoqib, xatni yana qayta oʻqishga tushdim. Shu payt tashqaridan kampirning ovozi eshitildi:
— Shamsiddin! — Bu ilk bor ismimni aytib chaqirishi edi.
— Labbay, ena, — dedim ostonada toʻxtab.

Ne tongki, kampir ham mening quvonchimdan boxabardek koʻzlari charaqlab boqib turardi.
— Bu safar uyingga borasanmi, yuolam?
— Ha, ena.
— Onangni oldimga oldib kelgin, bolam. Onang bilan bi-ir tanishib, gaplashgim keldi.

Kampirning qoʻlidagi tasbehga koʻzim tushdi, uning shodalari choʻgʻdek yaltirab ketdi.

Shu payt azon ovozi eshitildi.

— Xoʻp, ena, — dedimu azonning yoqimli ohangi ogʻushida tebrana-tebrana yuksaklarga koʻtarila boshladim. Koʻz oʻngimda moviy toʻlqinlar mavjlandi, juda-juda namoz oʻqigim keldi, men sajdani sogʻinganmdim...