OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nabi Jaloliddin. Ayriliq (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiAyriliq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ayriliq (hikoya)
Nabi Jaloliddin

Toʻrtinchi kuni odam ancha sepkildi. U ertasiga ertamandayoq opasi bilan singlisini oʻz uyiga haydadi — «Borib, bola-chaqalaringning issiq-sovugʻini qillaring», dedi. Boʻlmasam, opasi bilan singlisi, onasining qirqini oʻtkazib, keyin ketamiz , deb turishuvdi-ya. Taomiliyam shunaqa shekilli-da — marhumning qizlari qirq kun aza tutib, ota uyida oʻtirishlari kerakmish. Shuyam odat boʻldi-yu! U bechoralarning erlari, bola-chaqalari yoki boring ana, mol-hollari qirq kun nima qilisharkin?.. Lekin Kamoliddinning opasi bilan singlisi koʻpam tixirlik qilishmadi — onasi aytmoqchi, urushdan injiq boʻlib qaytgan yakkayu yolgʻiz jigarlarining koʻngliga qarashdi. Nima qilsayam, shu uyning erkagi boʻlib qolgan, yana tagʻin, bu Kamoliddin degani bir gapni ikki marta gapirishni yoqtirmaydi...

Shunday qilib opasi bilan singlisi uylariga ketdilar. Kamoliddin to tushgacha koʻchagacha chiqib, uyga kirib yurdi. Kechroq eshitganlar boʻlsa, fotihaga kelib, darvozaning tagida muntazir qolishmasin, dedi. Ammo bir-ikki qoʻni-qoʻshnining shunchaki koʻngil uchun chiqib qoʻyganini hisobga olmaganda, birov kelmadi. Tushlik mahali bir navi tamaddi qilgan boʻldiyu qaytib darvozaga chiqmadi. Uyga kirib, bagʻrini bolishga berib, yotib oldi. U hayron edi — axir onasi oʻldi-ya, lekin hali-hanuz koʻzidan bir tomchi yosh chiqmasa-ya! Bagʻrida bar narsa hamon toshdek qadalib turibdi va hatto avvaliga, ya’ni janoza kuni yigʻlashni istadi ham, opasi va singlisining «isnodlarga oʻldirmagin», degan gapidan keyin, rosti, oʻziyam uyalib ketdi, juda-juda yigʻlagisi keldi. Harchand urinmasin, yigʻlolmadi. Qani endi bu qaqragan koʻzlariga bir tomchi yosh kelsa! Xuddi oʻchakishgandek ular ham «oyoq tirab» turib olishdi, kipriklari qovjiragancha qolaverdi. Odamlarning gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir gʻiybatlariniyam eshitmaganga soldi oʻzini. Onajonisini hatto qabrga ham bir tomchi koʻz yosh toʻkmay tashlab keldi. Nahotki onasi, yolgʻizgina oʻgʻlini issigʻu sovuqqa va hatto ikki dunyoga ham ishonmaguvchi onasi bir tomchi koʻz yoshiga arzimasa! Axir u shu onasini deb Afgʻondan oʻlmay qolmaganmidi. Qiziq gap, odam birovni, ya’ni bandasini deb ham oʻlmay qolarkanmi? Qazoyu qadar Yaratganning izmida emasmi! Yoʻq, u aynan onasini deb necha bor oʻlmay qolganiga, oʻlimga ham chap berganiga ishonadi. Axir oʻshanda...

Oʻshanda ularning rotasi ham navbatdagi reyd-jangga chiqdi. Qir yonbagʻrida yolgʻiz borayotgan «BTR» tuyqusdan otilgan granamyot oʻqidan taqqa toʻxtadi-qoldi. Buni payqagan dushman oʻrab kela boshladi. Oʻris zobit bilan Kamoliddin «BTR»ning pulemyotidan to oʻqlari tugaguncha otishdi. Qolgan ikki askar esa qoʻrqib ketishdimi... qochmoqqa shaylanib, «BTR» tuynugidan boshlarini chiqarib-chiqarmayoq oʻqqa uchishdi.

Ana, dushmanlar qariyb «BTR»ga yetib kelishdi, hozir uning ustiga chiqadi-da, zobit bilan uni asirga oladilar. Keyin esa adogʻsiz va mislsiz azoblar... Yaxshisi, hozir oʻlib qoʻya qolgani osonroq boʻladi, baribir ming azob bilan ham oʻladi-ku. Aslida bu gaplar Kamoliddinning xayolidan oʻtgandi. Lekin granatani yonboshdagi qutidan zobit oldi. Oldiyu halqasini sugʻurib tashladi. Ikki qoʻllab mahkam qisdi-da, koʻzlari otilib ketgudek boʻlib, Kamoliddinga qaradi.
— Bir lahza xolos, Kamol! Koʻzlaringni yumib, bir lahza chidasang bas, hammasi oʻtib ketadi! — dedi u ovozi xirillab.

Kamoliddinning butun vujudini titroq bosdi. Beixtiyor qoʻllarini koʻtarib, zobitning granata tutgan qoʻllarini qisdi. Hatto ovozi ham qaltirab, koʻzlariga yosh toʻldi.
— Yoʻq, oʻrtoq katta leytenant!.. — shunday dediyu uning koʻz oldiga darvoza tagida yoʻlga ma’yus tikilib turgan onasi keldi. Yoʻq, uning oʻlishga haqqi yoʻq! Uning oʻlimini onasi koʻtarolmaydi. Agar u oʻlsa, onasi qiynalib-qiynalib oʻladi. Shunday ekan, u yashashi kerak! Yashashi!..
— Yoʻ-oʻq!.. — dedi u hayqirib, zobitning qoʻllarini qattiqroq siqarkan. — Yoʻq, oʻrtoq katta leytenant, biz oʻlmaymiz! Qoʻyib yubormang!.. Onam buni koʻtarolmaydi!.. — U ayni paytda oʻlimdan qoʻrqmasdi. Uning oʻlganini eshitib, sochlarini yulib yigʻlayotgan onasini koʻz oldiga keltirganidan jazavaga tushmoqda edi.

Rostdan ham ular oʻlmay qolishdi — qir ustida paydo boʻlgan yana bir «BTR» dushmanni tutday toʻkdi...

Oʻshanda jon talvasasida ham onasini oʻylab, yigʻlagandi. Endi esa onasi olamdan oʻtdi, endi u yoʻq, hech qachon qaytmaydi. Ammo uning koʻzlarida milt etgan yosh koʻrinmaydi. Nahotki shunchalar diydasi qotib ketgan boʻlsa?! Nahotki urush uni shu ahvolga soldiykin?! Yoʻq! Axir oddiygina kinolardan ta’sirlanib, koʻzlari yoshlanib ketardi-yu, nahot endi onasidan ayrilib ham yigʻlolmasa?!

Onasi uni juda-juda ehtiyot qilardi, avaylardi. Bir kuni dahlizdagi derazaning tagida yotarkan, uni uxlayapti deb oʻylab, keliniga nasihat qilayotgan oansining gaplarini eshitib qoldi:
— Aylanay, qizim, — dedi onasi yalinganday, — shu bolaginamni ehtiyot qiling, xoʻpmi! Nima desa, xoʻp deng, jon qizim! Jahlini chiqarmang, bolam! Keyin nima desangiz, mana, men qib beraman. Paqat shu bolam kasal-pasal boʻp qomasin, aylanay!
— Voy, buvi-ey, men doim oʻgʻlingizi aytganini qilaman. Hecham gapini qaytarmayman. Menam bolangizi fe’lini bilaman, buvijon!
— Ashna qiling, jon qizim! Shu bolami kasal qimasangiz boʻldi! Bilasizu, salga boshi ogʻrib, yuragi siqib qoladi!..

Oʻshanda ham onasining gaplarini eshitib, koʻzlaridan yosh otilib ketgandi...

Kamoliddinning yuragi siqildi. Bagʻridan nimadir boʻgʻziga sudralayotgandek tuyuldi. Agʻdarilib, ikki qoʻlini boshining ostiga qoʻyib, shiftga qarab yotdi. Buncha huvillamasa-ya bu uy! Rostdanam xonani quloqlarini yorib yuborguday sukunat, huvillash egallab olgandi. Yoʻq, ana, hovlining qaeridadir xotinining sharpasi eshitildi. Ikkala oʻgʻli urishib qoldi shekilli, bittasi gʻingshidi. Xotini ularga astagina tanbeh berdi... Kamoliddin ogʻir bir yutindi-da, bagʻridan sirgʻalib, boʻgʻziga kelib qolgan narsani qaytarib yubordi. Tashqariga chiqsammikin, oʻyladi keyin, balki biroz yozilarman. Kuchanib oʻrnidan turayotuvdi, yuragi qattiq bir qisdi. Ogʻriqdan afti bujmayib, bir pas jim turib qoldi. Tebranib ostonaga chiqdi. Darvozaxona tomondan xotinining ovozi qulogʻiga chalindi. U erining oromini buzmasliklari uchun oʻgʻillarini yengil poʻpisa bilan koʻchaga haydardi. Onasiyam shunaqaydi, ayniqsa, opasi bilan singlisi bolalarini olib kelishsa, hamisha tergab turardi:
— Huy, sekinroq gapir, Kamoldinni boshi ogʻrib qoladi!
— Borlaring, toʻpolon qilmay, togʻalaring uygʻonib ketadi-ey!

Bundan opa-singillari zoʻraki arazlashib qolishardi:
— Voy-ey, nima, Kamoldin bolangizu, biz bolangizmasmizmi, buvijon?

Kampir biroz yumshardi:
— Nega unaqa deysanlar! Hammang bolamsan, jigarimdan boʻgansan! Paqat Kamoldin urushda sal injiqroq boʻp qogan-da, qizlarim!

Kamoliddin koʻksining chap qismini uqalab, ostonadan tushdi. U yoq-bu yoqqa alangladi. Haligina uy ichini egallab olgan huvillash endi hovliga ham toshib chiqayotgandek tuyuldi. Nigohi uy sahni boʻylab intizor tentiradi, goʻyo kimnidir axtardi, lekin topolmadi. Olam boʻm-boʻsh edi goʻyo. Haligi huvillash yana quloqlarini egovlay boshladi. Ogʻir yutindi. Kipriklarining osti achishib, koʻzlarini bir-ikki yumib-ochdi. Nigohi tentiray-tentiray, sahnning bir chetidagi soʻrida toʻxtadi. Har kuni bu mahalda onasi soʻrida oʻtirib, yo oshga sabzi-piyoz toʻgʻrardi, yoki otasidan qolgan koʻzoynakni taqib olib, munkayganicha guruchning toshini terayotgan boʻlardi. Kamoliddin soʻrining oldiga bordi, oansi oʻtiradigan kirchimol qora toʻshakka tikildi. Haliginayam yangi toʻshaklar soligʻliq turgandi, chamasa, xotini yigʻishtirib, yana eskilarini toʻshab qoʻyibdi shekilli.

Kamoliddin har kuni ishdan boʻshadi deguncha uyga oshiqardi. Ba’zi tengqurlariga oʻxshab, koʻcha-koʻyda ulfatchilik qilib yurmasdi. Negadir uyga oshiqaverardi. Uyga kelib, soʻrida oʻtirgan onasini koʻrardiyu birdan yuragi xotirjam tortardi. Buni oʻzi aniq his qilsa-da, lekin tushunolmasdi. Vujudini gʻalati bir xalovat qamrab, onasining yoniga yotib olgisi kelardi. Koʻpincha boshini onasining tizzasiga yoki yonboshiga qoʻyib yotvolardi-da, osmonga termulardi. Onasi esa yosh turib, sochining yarmidan koʻpi oqarib ketgan oʻgʻlining peshonasini silab, Kamoliddin boshqa hech kimnikiga oʻxshatolmaydigan mehrli ovoz bilan soʻroqqa tutib qolardi.
— Ishga yaxshi borib keldingmi, bolam?
— Hmm...
— Boshing ogʻrimadimi?
— Yoʻ-oʻq...
— Yuraging siqilmadimi?
— Yoʻ-oʻq...
— Abitta ovqat yedingmi?
— Hmm...
— Sochlaring biram chiroyli oqaribdiki!..

Kamoliddin qora toʻshakka choʻzilib, shomning nim qorongʻuligi aro koʻkish osmonga tikildi.

Onasi esa hamon uning sochlarini silardi.
— Bugun bir boplab osh qiberay, a, bolam!

U ogʻir yutindi, koʻzlari achishib, goʻyo bitib qolay degan burnini qiynalib-qiynalib tortdi.

Mayin qoʻl esa peshonasini silayverdi.
— Boshingiz ogʻriyaptimi?
— Hmm...
— Yuragingiz-chi? Yuragingiz ogʻriyaptimi?
— Ogʻriyapti!.. Juda yomon ogʻriyapti! — Uning yuzi tirishdi.
— Nima ovqat qiberay! — deya soʻradi haligi ovoz.

U osmon qadar kengayib ketgan nigohini yigʻib, xiyol qayrildi: boshi ustida koʻzlari yoshli xotini ma’yus termulib, uning peshonasini silardi. U ichidan otilib kelayotgan narsani toʻsib qolmoqchi boʻldimi, tishlarini qattiq qimtigandi, iyak va chakka suyaklari boʻrtib ketdi.
— Sochlaringiz biram chiroyli oqaribdiki!.. — dedi haligi ovoz yigʻi aralash.

Hatto tishlar ham boʻgʻizdan otilgan narsani toʻsib qolishga ojizlik qildilar:
— Buvv!.. — deya chiyilladi u koʻzlarini qattiq yumarkan va kipriklari ostidan yosh tirqirab ketdi. — Buvijo-on!..

Xotini esa hamon uning sochlarini silardi...