OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nabi Jaloliddin. Doʻppi (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiDoʻppi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/05/22
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Doʻppi (hikoya)
Nabi Jaloliddin

Darvozadan kirib kelgan yigʻirma yoshlar chamasidagi yagʻrindor yigit uy sahniping yonidan kesib oʻtgan ariqchada qoʻlini yuvib, ogʻzini chayqadi. Shimining choʻntagidan roʻmolchasini chiqarib, qoʻl va ogʻzini artarkan, hech kim koʻrinmaydi-ya, deganday atrofga alangladi. Shu koʻyi shoshilmay yurib, soʻrtok ostiga qoʻyilgan, ustiga orasta qilib pokiza toʻshaqlar solinib, suyanchigʻiga bir necha yostiq suyalgan soʻri oldiga bordi. Oʻtirmoqchi boʻlgan toʻshagining bir tomonini koʻtarib, siltab, qoqdi va tekislab, yana oʻrniga toʻshadi. Ammo oʻtirmadi, yana atrofga alangladi. Shunda molxona tarafda sharpa sezganday boʻldi. Ayam oʻsha yoqda shekilli, deya xayol qildi va oʻsha tomonga qarab ovoz berdi:
— Aya!..
— Huv-v... — deya xotinlarga xos javob qildi molxona bostirmasida uymalashayotgan onasi.

Narigi chetdagi uy ichidan opoqdadasining «men ham borman», deganday zoʻraki tomoq qirgani eshitildi. Chamasi, u ham nevarasining ovozini eshitgandi, shekilli.

Yigit esa tik turib, panjalari bilan soʻrining kungurasini oʻynagan qoʻyi onasini kutardi. Lekin onasini nega kutayotganini oʻzi ham bilmasdi. Hozir onasi keladi ham, ammo salomlashishdan oʻzga gapirgulik gap topilmaydi. Bu shunchaki koʻnikma yoxud odam bolasining koʻzla¬ri ilgʻamaydigan rishtalarning borligidan boʻlsa kerak-da. Nima boʻlganda ham, hozir yigitning onasiga aytadigan tayinli gapi yoʻq edi, ammo u kishini bir koʻrish bilan koʻnglida qandaydir xotirjamlik paydo boʻlishini juda yaxshi biladi. Aslida bunaqa paytda onasi ham oʻgʻlidan biron zarur gap kutmaydi-ya.

Va nihoyat, qoʻlida paqir tutgan onasi koʻrindi. U paqirdagi yangi sogʻilgan sutni toʻkib yubormaslik uchun avaylab koʻtarib kelardi.
— Ha, keldingmi, oʻgʻlim? — dedi onasi unga yaqinlasharkan.
— Oʻtiribsizmi, aya? — deya soʻradi nima deyishini bilmagan yigit odatga koʻra. — Dadam kelmadimi? — U bu savolni ham shunchaki gap yoʻqligi uchun berdi, aslida dadasiniig ishdan qachon kelishini yaxshi biladi.
— Yoʻq, — dedi onasi sutli chelakni soʻrtokka osilgan simga ilib, ustini yoparkan. — Bugun qaylarni daydib kelding? — onasi xiyol jilmaydi.
— Daydidim-da... — yigit erkalanib qoʻl siltadi. — Boʻpti, men opoqdadamga koʻrinib qoʻyay. — U chekkadagi uy tomon yurdi.

Onasi keyingi ishlarni rejalashtirganday, indamay oʻychan turib qoldi. Oʻgʻli uy eshigiga yetay deganda bir narsa esiga tushib, uni chaqirdi:
— Rahmatjon, menga qaragin.

Oʻgʻli ortiga qayrilib, bir-ikki qadam tashladi.
— Nima deysiz?
— Boshingga doʻppi kiyvogin, bolam. Hademay dadang keladi... — dedi yalinchoq ohangda onasi. Rahmatjonning yuzi tirishdi.
— Yana oʻsha gapmi, aya! Axir men doʻppi kiymayman, dedim-ku-ey! Nima, kiymasam, bir balo boʻladimi?!

Ona bir soʻlish oldi.
— Yana dadangni jahli chiqadi-da, bolam. Keyin oʻzing hapa boʻlib yurasan.
— Ey-y, chiqsa-chiqar-ey!.. — Rahmatjon bir qoʻl siltab, uyga kirib ketdi.

Devorga suyab qoʻyilgan yumshoq karavotda ikki-uch qavat koʻrpaga yastanib, oppoqdadasi yonboshlab yotardi.
— Assalomu alaykum, oppoqdada! — U shoshib borib chol bilan koʻrishdi. — Tuzukmisiz?

Oppoqdadasi gavdasigga bir oz koʻtarib, yarim oʻtirdi.
— Shukur. Biz endi tuzuk boʻlib qayga borardik-a, bolam! — deya kuldi oppoq soqolini panjalari bilan tararkan.

Rahmatjon toʻshakka oʻtirdi, cholga ergashib, yuziga fotiha tortdi.
— Ayang nima deyapti? — deya soʻradi bobosi unga sinovchan tikilarkan. Yigit «ey-y» deya qoʻl siltadi va bu bilan «qoʻyavering ularni» demoqchi boʻldi.

Chol juda yoqimli jilmayib, dedi:
— Rostdanam boshingga doʻppi kiyvosang yaxshi-da, bo¬lam.

Rahmatjon bobosiga sapchimadi. Bir tomondan u kishini juda-juda yaxshi koʻrsa, ikkinchidan, uydagilarning hammasi bobosini ehtiyot qilishardi. Chunki oqsoqolni keyingi paytda hastalik ancha yengib qoʻygandi. Yurakning ishi qiyin ekan-da. Kampiri oʻldiyu, tez choʻkib ketdi. Kundan-kun... Ana, koʻzlarining atrofidagi koʻkimtir dogʻlar ham ancha kengayib qopti.

Rahmatjon cholning oldidagi ancha tobi koʻtarilib qolgan choydan quyib, unga uzatdi.
— Choy ichasizmi?

Bobosi bosh silkidi.
— Yoʻq, oʻzing ich.

Yigit bir koʻtarishda choyni sipqordi. Keyin hamon oʻziga tikilib turgan bobosiga koʻzi tushib, haligi gapga javob berishi shartligini tushundi.
— Hecham doʻppi kiygim kelmaydi-da, oppoqdada. Shuni kiymasam, nima boʻladi oʻzi?

Chol yana jilmaydi.
— Tagʻin oʻzing bilasanu, bolam, ammo yigit kishi doʻppi kiyishi kerak. Uni ota-buvamiz kiygan. Qolaversa, dadangniyam sal koʻngliga qaragin-da.

Yigit bir xoʻrsinib qoʻyib, yerga qaragancha indamay oʻtiraverdi. U ayni paytda, eng avvalo, oppoqdadasini ranjitab qoʻyishdan koʻrqardi. Bir koʻngli «xoʻp boʻladi, oppoqdada», deya hoziroq doʻppi kiyib olgisi ham keldi, ammo boshida doʻppi turganini koʻz oʻngiga keltirdiyu, shashtidan qaytdi. Esini tanibdiki shunaqa — doʻppi kiydi deguncha gʻashi kelaveradi. Shunday paytda oynaga koʻzi tushib qolsa bormi, oʻzini shunaqayam badbashara, landovur his qilib, oynadagi aksini yomon koʻra boshlaydi. Harbiydan qaytgan kuni ham oʻshanday boʻldi — unga bosh-oyoq sarpo kiydirayotgan ayasi oxirida boshiga yangi doʻppi ham qoʻndirdi. Rahmatjonning koʻzi oynada¬gi oʻz aksiga tushdiyu, qoʻqqisdan ilon koʻrgan odamday rangi oʻzgardi. «Yoʻq, doʻppi kiymayman», dedi boshidan olib, ayasiga berarkan. «Voy-voy, yangi kelgan soldat doʻppi kiyadi-da, bolam», — dedi ayasi erkalash ohangida va doʻppini yana kiydirib qoʻymoqchi boʻldi. Lekin Rahmatjon koʻnmadi, «qoʻying endi, aya», deya onasining qoʻlini itarib tashladi. hoʻllas, tashqariga yalangbosh chiqdi. Tavba, oʻzbek har qancha yangi kiyim-bosh kiysa ham, bo¬shida doʻppi boʻlmasa, ustidagi kiyimlar baribir yangiga oʻxshamas ekan. Buni koʻrgan dadasi ham, opoqdadasi ham unga bir-bir gʻalati qarab qoʻydilar, biroq bu qarashlarni Rahmatjon sezmadi. Shu-shu boshiga doʻppi kiymaydi va shuniig uchun ham kunda-kun osha dadasidan dakki eshitadi.

Uning xayollarini oppoqdadasining ovozi boʻldi,
— Otam rahmatli juda-a savlatli odam edi-da. — Chol gapirardiyu, koʻzlari roʻparadagi deraza osha tashqariga tikilgandi. — Soqol-moʻyloviyam ja-a oʻziga yarashardi. Boshiga doʻppi, egniga oppoq yaktak kiyib, agʻdarma etikda yurardi. Koʻchadan oʻtganda qaramaganam qarardi. — U bir pas jim qoldi, goʻyo fikrini jamlamoqqa urindi. — Otamni hecham doʻppisiz tasavvur qilolmayman. Agar doʻppisi boʻlmasa, xuddi bir narsasi yoʻq, chala tugʻilgan odamga oʻxshaydi, hatto, kulgili koʻrinadi... Men boʻlsam, otamga oʻxsholmadim...

Rahmatjon negadir endi bobosining gapini diqqat bilan eshita boshlagandi.

Chol bir oz jim turgach, boyagi yoqimli nigohini yana nevarasiga qadadi.
— Senda katta bobongni kepatasi bor, bolam. Soqol-moʻylov qoʻysang, xuddi oʻzi boʻlasan-qolasan. — U endi jilmaydi. — Yo, dadang obqoʻygan doʻppi yoqmadimi, Rahmatilla?
— Yoʻ-oʻq, gap yoqqan-yoqmaganidamas, oppoqdada...
— Baribir toza doʻppimas-da. Menga qara, bolam, ertadan keyin bozor, a? Agar tuzuk boʻp tursam, shu bozor kuni senga oʻzim eng qimmat doʻppini oberaman, boʻptimi? — chol birdan jiddiylashdi, yuzi ma’yuslanib, koʻzlari ich-ichiga botib ketdi. — Mabodo bozorga borolmasam, anovi dadang menga obergan doʻppini senga beraman, — dedi u oq durraga oʻralib, toʻridagi mixga ilib qoʻyilgan doʻppiga imo qilib.

Rahmatjon bu doʻppini koʻrgan — juda qimmatbaho doʻppi.
— Unaqa demang, oppoqdada, dadam xafa boʻladi.
— Nega xafa boʻlarkan? Buni senga bersam, dadang menga yana yangisini obkeberadi-da. — Oksoqolning yuziga tabassum yoyildi, keyin ataylab gapni boshqa yoqqa burmoqchi boʻldimi, —tovogʻingni obchiqib qoʻyib ber bolam, shomgadavir birpas eshitay, — dedi.

Oppoqdadasi tovoq deb magnitofonni aytardi. Rahmat¬jon irgʻib oʻrnidan turdi-da, eshikka yoʻnalarkan soʻradi:
— Qanaqa ashula qoʻyib beray? — haligi «Bahor ayyomi» deb aytadigan bola boru...
— Sheralinimi?..
— Ha, barakalla, oʻshani obchiq, bolam.

Rahmatjon magnitofonni oppoqdadasiga past ovozda qoʻyib bergach, qaytib chiqib, soʻrida agʻanab yotardi. Oʻchoq boshida kechki ovqatga urinayotgan onasi uning bu yotishini xushlamadimi yoki hademay kirib keladigan erining jahli chiqishidan qoʻrqdimi, ham oʻgʻlining dilini ogʻritib qoʻyishdan-da choʻchib, yalinchoq ovozda dedi:
— Anovi hovlimiz etagidagi zovur boʻyida rosayam oʻt oʻsibdi, ovqat pishguncha oʻrib kelmaysanmi, bolam?

Oʻgʻil qimir etmadi, faqat gʻoʻldiragan ovozi eshitildi, xolos:
— Ukalarim oʻrishar, aya, men charchadim.
— Hah charchamay qol. Odam oʻynabam charcharkan-a. Sen aytmasangam, ukalaring oʻtga ketgan.

Onasining gapi tugar-tugamay, hovli tarafda yettinchi sinfda oʻqiydigan ukasiyu, toʻqqizinchida oʻqiydigan singlisining sharpasi koʻrindi. Ular bir tugundai oʻt koʻtarib olishgandi. Ukalari oʻtlarini toʻkib, uy oldiga oʻtgunlaricha darvozadan dadasi ham kirib keldi. Rahmatjon irgʻib oʻrnidan turib, salom berdi. Uni koʻrdiyu, dadasining qovogʻi osildi, bilinar-bilinmas bosh qimirlatib, salomiga alik oldi, soʻng qayrilib, oʻchoq boshiga qaradi.
— Yaxshi keldingizmi, dadasi? — soʻradi xotini yuziga tabassum yugurtirib.
— Hm-m... Dadam tuzukmi? — savoliga tasdiq javobini olgach, kiyimlarini almashtirgani uyga kirib ketdi.

Dadasining muomalasidan Rahmatjon mulzam boʻlib qoldi. Soʻri chetida oyoqlarini osiltirib oʻtirarkan, oʻzini oʻzi yomon koʻrib ketdi: hamma oʻziga loyiq ish bilan band, bir men bekorchi, xolos. Oʻshanchun ham dadam yomon koʻradi-da!.. Ishga kirmasam boʻlmaydi, shekilli, sandiraqlayverisham jonga tegdi.

Bobosi shomni oʻqib chiqqandan soʻng kosalarga ovqat quyildi. Halitdan beri Rahmatjonga xoʻmrayib oʻtirgan dadasi qoʻliga qoshiq tegar-tegmay, unga zardasini sochdi:
— Boshingga binnasa kiysangchi, hoʻv, bola! Urugʻimizda yalangbosh yuradigan odam yoʻgʻiydi, sen qaydan binoga kela qolding, bilmadim?

Rahmatjon indamay ovqatini kavlardi. Onasi ota-bolaga havotirli moʻltiraydi. Chol jim. Ukalari bosh koʻtargani hayiqishadi.

Dadasi battar jazavaga tushdi:
— Agar doʻppi kiymasang, koʻzimga koʻrinmagin degandimu!.. He, oʻsha!.. Boʻlmasa shapka kiyvol!..
— Boʻldi, soʻkaverma, — cholning oʻktam ovozi uning gapini boʻldi. — Rahmatjon doʻppi kiyadi. Xudo xohlasa, bozor kuni zoʻr doʻppi oladigan boʻldik.

Gapga oppoqdadasi qoʻshilgach, dadasi jim boʻlib qoldi. Shundagina hamma yengil nafas oldi, ovqat tomoqlardan osonroq oʻta boshladi.

Ertasiga Rahmatjon kechki ovqatga chiqmadi. Dada¬si hali ishdan qaytmasidan oldin: «Meni koʻchadan kelmadi, deb qoʻya qoling», deya onasiga tayinlab, bobosining hujrasiga kirib, yotib oldi. U bir narsaga hech tushunmasdi — bular nega endi doʻppiga bunchalar yopishib olishgan? Bu uyda bobosidan boshqa hech kim namoz oʻqimaydi, ya’ni juda unaqa dindor oila ham emaslar. Lekin hammalari doʻppi kiyishadi — bobosi, dadasi, yangi hovliga koʻchib chiqib ketgan akasi, togʻalari, amakilari, hatto, yettinchida oʻqiydigan ukasi ham boshidan doʻppini qoʻymaydi. Rahmatjon mana shu sirga oʻxshash narsani anglolmay dogʻda. Dadasi, ayniqsa, dasturxon ustida yalangbosh oʻtirgan odamni yomon koʻradi, hatto, begona kishi boʻlsa ham, bir ignasini sanchib olmasa, koʻngli joyigʻa tushmaydi.

Ertalab Rahmatjon kechroq uygʻondi. Yuz-qoʻlini yuvish uchun tashqariga chiqkanda, soʻrida ukalari choy ichishar, bobosi esa bolishga yonboshlagan qoʻyi oʻtirardi. Rahmatjon yuvinib kelib, bobosi bilan koʻrishdi, soʻrining chetiga oʻtirib, ukasi uzatgan choyni xoʻpladi.
— Bozorga borolmaymiz shekilli, Rahmatilla, — dedi bobosi bir oz xirillagan ovozda. — Quvvatim yetmaydi, bolam.

Rahmatjon bobosiga tikildi. Uning rangi ancha siniqqan, koʻz osti va yuzidagi koʻkimtir dogʻlar yana-da kengaygandek koʻrindi. Nafas olishi ham tezlashganday edi. Yigitning yuragi ezildi, ammo ichidagini bilintirmay, cholga tasalli berdi:
— Mayli, oppoqdada, yanagi bozorga boramiz boʻlmasa.

Chol jilmayishga urindi.
— Xudo xohlasa, boramiz, bolam!.. Oraga jimlik choʻkdi.

Rahmatjon ogʻzidagi nonni hafsalasiz chaynaydi, har zamonda xoʻrillatib choy xoʻplaydi.
— Rahmatilla, — dedi bir payt chol oʻrnidan koʻzgʻalib, soʻri suyanchigʻiga suyanib oʻtirarkan. — Mahallamizdagi koʻp xonadonlarga kirgansan-a?

Yigit hayron boʻlib, bobosiga qararkan, «ha» dedi sekingina:
— Unda, ayt-chi, hamma uylarning ayvoni, uning oldida soʻrtagi, unda uzumi bormi?
— Bor, oppoqdada, — yigit battar hayron boʻldi.
— Bir tomonda oʻchogʻu tandiriyam bormi?
— Ha.
— Ariqchasidan ichsa boʻlovradigan toza suv oqadimi?
— Oqadi. Nima gap oʻzi, opoqdada?
— Shularning borligini aniq bilasan-a?
— Ha, bilaman.

Chol yoqimli jilmaydi.
— Bu narsalar, ha-ha, aynan shu narsalar faqat oʻzbekning uyida boʻladi, bolam. Shu gaplarimni unutma.

Rahmatjon bobosining «topishmogʻidan» zavqlanib kuldi.
— Gaplaringizni tushunmadim, oppoqdada.
— Mayli, bolam, qachon tushunganingda, menta aytarsan, boʻptimi? Ommalekin unutmagin. Endi meni hujramga kirib, yangi doʻppimni obchiq.

Rahmatjon itoatkorona oʻrnidan turib, uyga kirib ketdi va bir ozdan soʻng durraga oʻrogʻliq doʻppini olib chiqib, bobosiga tutdi. Chol doʻppini qoʻliga oldi, durrani ochmadi, oʻshandayicha nevarasiga uzatdi.
— Bu endi senga, bolam.
— Yoʻgʻ-e, oppoqdada, oʻzingiz kiyavering. Uyda doʻppim bor-ku.
— Menga manavisiyam yetadi. — Bobosi boshidagi xiyol uringan doʻppiga ishora qildi. — Ol!
— Xoʻp, oppoqdada, siziki tavarik, mayli, — Rahmatjon doʻppini olib, oʻz xonasi tomon yoʻnaldi.
— Kiyib koʻrmaysanmi, bolam? — dedi ortidan bobosi.

U mujmal javob qildi:
— Boshqa kuni kiyarman, uyimga qoʻyib chiqay.
— Ha, mayli, ertaga kiyarsan, — degan bobosi birdan xomush tortib qoldi.

Lekin Rahmatjon buni sezmadi, doʻppini xonasiga qoʻyib chiqqach, oʻz tashvishlari bilan ovora boʻlib ketdi.

Uni saharda onasi uygʻotdi. Onasining koʻzlari yoshli edi. Bunaqa erta turib oʻrganmagan yigit uyquning zoʻridan onasining koʻz yoshlariga ham e’tibor qilmadi. Faqatgina:
— Tinchlikmi, aya? — deya oldi, xolos.
— Tur, tezroq bet-qoʻlingni yuv, — dedi onasi ustidagi koʻrpani qayirib.
— Nimaga-ey?!.. — injiqlandi oʻgʻil.
— Oppoqdadangdan ayrilib qoldik, — endi onasi oshkora yigʻlab yubordi.

Rahmatjon hissiz bir holatda serrayib qoldi. Boʻgʻziga na yigʻi, na xoʻrsiniq keldi. Tashqariga chiqqanda, hovlida bir-ikki qoʻni-qoʻshnilar bilan dadasi uymalashib yurishardi. U ariqchadagi muzdek suvda yuz-qoʻlini yuvdi. Yoʻl-yoʻlakay yuzu qoʻlini koʻylagiga artib qoʻya qoldi. Shunday paytdi sochiq izlaydimi.
— Boshinga doʻppi-moʻppi kiyvol, — dedi onasi unga.

U xonasiga qaytib kirdi. Stol ustidagi doʻppisiga qoʻl uzatarkan, bobosi bergan doʻppini esladi. Axir uni kecha shifonerga solib qoʻygandi. Asta shifonerni ochdi, durraga oʻrogʻlik doʻppini qoʻliga oldi. Durraning ikki uchini qayirdi. Gullari oppoq chiroyli doʻppiga koʻzi tushdiyu, boʻgʻziga nimadir tiqildi. Koʻzlaridan mayda-mayda uchqunlar sachrayotgandek tuyuldi. Goʻyo gullarini sanamoqchidek doʻppini koʻziga yaqinroq olib keldi. Bir chetiga asta labini bosdi, soʻng ikki qoʻllab boshiga kiydi. Oynaga qaradi. Musaffo tongning, hali yuvingani ariqchadagi muzdek suvning tarovatidan nurli tovlangap yuzi, boshidagi guldastadek doʻppi bergan fayzdan yana-da ochilib, chiroyli koʻrindi. Ana oʻshanda u boʻgʻzidagi narsani tutib qololmadi, «oppoqdadajon!» dediyu, hoʻngrab yigʻlab yubordi. Shu payt dadasining «Rahmatjon», deya chaqirgan muloyim ovozi eshitildi. U shoshib koʻzlarini artib, tashqariga yurdi. Ayvon ostonasida dadasi turardi. U bobosining san’atkorona tikilgan doʻppisini kiyib olgan oʻgʻlining nur taralayotgandek koʻringan yuziga koʻzi tushdiyu, birpas toʻxtab qoldi. Ayvon chirogʻining nurida koʻzidagi tomchilar yiltirab ketdi.
—Oʻgʻlim, — dedi judayam muloyim, oʻksik ovozda, — ammalaringni, togʻalaringni aytib kelgin. Oldin akangga xabar berib qoʻy, — shunday deya dadasi ayvondan tushdi.

Rahmatjon «xoʻp, dada» dedi-da, darvoza tomonga burildi. Darvozaxonaga yetay deganda yana dadasining ovozini eshitib, toʻxtadi.
— Rahmatjon! — Dadasi unga tomon yurdi. U ham bir-ikki qadam tashladi. Dadasi yetib kelib, uning ikki chakkasidan tutib, koʻzlariga tikildi. Ikkalasining ham koʻzlari jiqqa yosh edi. Shunda dadasi boʻgʻiq ovozda dedi:
— Barakalla, oʻgʻlim! Ilohi, boshing toshdan boʻlsin!

Shu soʻzlarni aytib, peshanasidan oʻpdi-da, keskin ortiga qayrildi.

Rahmatjon darvozadan chiqib borarqan, beixtiyor shu fikr miyasiga urilib oʻtdi: «Boshqa millatlardayam darvozaxona boʻlarmikin?!.»

1998