OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiErkagi bor uy (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/05/21
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Erkagi bor uy (hikoya)
Nabi Jaloliddin

Darvozaxonadan irgʻishlab kirib kelgan bolakay uy yonida tarvaqaylab oʻsib, tom ustigacha shoxlab ketgan kattakon oʻrikning ostida erinchoqlik bilan timirskilanib yurgan targʻil mushukni koʻrib, bir toʻxtalib oldi. Keyin qoʻlidagi sumkasini goʻyo mushukning ustiga irgʻitayotgandek qattiq siltadi va shu siltash asnosida ogʻzidan vahimali bir tovush chiqardiki, mushuk ham oʻsha tovushga hamohang ravishda «dod»lab, oʻrikning ikki odam boʻyi keladigan shoxiga sakrab, bolaga «haziling qursin», deganday qarash qildi-da, boyvuchcha yurish bilan qingʻir-qiyshiq shoxlar orqali tomga oʻtib ketdi. Bola oʻz qiligʻidan zavqlandi. Aslida bu mushuk ularniki emas, qayoqdandir paydo boʻlib qolganu, birovning e’tiboridan ozor topmagach, tomda makon topib, bola tuqqan va shu xonadonning salkam a’zosiga aylangan.

Uydan chiqib kelgan ayasi ayvonda toʻxtab, unga dakki bergan boʻldi:
—Mishigʻni qiynamagin-da, oʻgʻlim!

Bolakay sumkasini erkalash bilan u yoqdan-bu yoqka siltab, sakragancha ayvonga — ayasi va soʻrida oʻtirgan xolasining oldiga koʻtarildi.
— Assalomalaykim! Keling, xolajon! — dedi ovozi jaranglab,
— Vaaleykimassalom. Odobiyam bor bu shumtakani, — deb qoʻydi ayasi zavqi kelib.
— Keldiymi, polvon? Qani!.. — xolasi oʻtirgan joyida soʻrashish uchun kaftini ochdi.

Bola oʻz odaticha erkalik bilan xolasining kaftiga «chars» etkizib kaftini urdi-da, «qalaysiz?» deb qoʻydi,
— Ayajon, — u sumkasini soʻri chetiga qoʻyib, chaqnagan dumaloq koʻzlarini ayasiga tikkancha bidillashga tushdi. — Badal buvaga salom beruvdim, «Barakalla, ota oʻgʻil, ilohim, otangga oʻxshagan yigit boʻgin», deb duo qildi.

Ayasining mehri iydi, ma’yus koʻzlari yoshlanganday yiltirab ketdi.
— Barakalla, oʻgʻlim! — bolakayning boshini bagʻriga tortdi. — Iloyim, Badal buvaning aytgani kelsin! U kishi dadang rahmatlini ja yaxshi koʻrardi-da... — deya koʻngli buzildi.

Badal buva ularning uch-toʻrtta eshik naridagi qoʻshnisi boʻlib, hamisha darvozasi oldidagi ixcham supada qoʻlidagi behi shoxidan yasalgan qoʻlbola hassasiga tiranib, goh nimalarnidir pichirlab, goh oʻtgan-ketganga gap tashlab oʻtirguvchi, soqoli qorday oppoq nuroniy chol edi. Chol hamma narsani bilguvchi, qishloqdagi har bir ishdan boxabar edi. Barcha oʻz qilmishi uchun u kishidan hayiqar, chunki chol aytadigai gapini haspoʻshlab, ezgʻilab oʻtirmas, dangal aytardi-qoʻyardi. Shundanmi, qishloq ahli har bir voqea-hodisa uchun orqavorotdan boʻlsa-da, Badal buvaning hukmini kutardi. Uning hukmi esa doimo adolatli boʻlardi shekilli, barchalari hamisha har bir ish uchun shu oqsoqolning munosabatini bilishga urinishardi. Hozir qishloqdoshlari nazdida oqilu dono boʻlgan otaxonni bolaning otasi haqida aytgan gaplaridan ayolning ham koʻngli yumshagandi.

Bolakay xolasining doimgiday olqashlari ostida kiyimlarini almashtirish uchun uyigʻa kirib ketdi. Sumka¬sini qoʻyib, qoʻylagini yecharkan, xolasining xavotirli bir ovozda gʻoʻngʻirab gapirgani beixtiyor qulogʻiga tushdi.
— Ayvongacha chiqdimi, shixting qurgʻur? — soʻradi xolasi ayasidan.

Shundagina bola deraza orqali onasining holatiga e’tibor berdi — u anchagina gʻamgin oʻtirardi.
— Boʻyning uzulgir, qoʻli bilan imlab tashqariga chaqirdiyam. Koʻzlarini yiltirashidan tuzukkina mosiydiyam (mast ediyam) shekilli, itdan boʻlgan!

Bolakay endi derazaga yaqinroq kelib, ayasi bilan xolasining gaplarini diqqat bilan eshita boshladi. Uning murgʻak qalbi onasi bilan bogʻliq biron koʻngilsizlik boʻlganini sezgandi.

Ayasi xijolatli ovozda sekin-sekin gapirardi:
— Yer yutgur, bir-ikki marta ishdan qaytayotganimda-yam suzilib qarovdi. Salomlashib oʻtganimni oʻzicha tushungan shekilli-da...
— Kechqurun chiqib birga yotaymi? — soʻradi xolasi dalda beruvchi ohangda.
— Qoʻy, eriyni gʻashi kemasin tagʻin.
— U itvachcha yana chiqar hali?..
— Bilmadim. Xudo saqlasin. Kechqurun dod solmoqchiyam boʻldim, lekin mahalla-koʻydan nomus qildim. Baribir, hammayam toʻgʻri tushunmaydi, qaytaga mish-mish koʻpayadi. Axir bollarim bor!.. Hammasiga sabab — uyim-da erkagim yoʻqligi. Erkagim boʻlsa-yu... — ayasining ovozi chiyillab ketdi, chamasi, u yigʻlab yubordi.

Bolakayning ham koʻngli buzildi, ayasiga juda-juda rahmi kelib ketdi, dadasini eslab oʻksindi. Shu hissiyotlar orqasidan «kim boʻldiykin u odam?», deya oʻylab qoldi. «Kechasi biznikiga kiradigan qaysi xaramiykin? Hali u erkagi yoʻq uyga kirarkanmi? Bizi uyni erkagi yoʻqmi?.. Men-chi?!.. Yoʻq, ayajon, biznikidayam erkak bor, ha, bor, ayajon!» Bolakay endigina beshinchi sinfda oʻqirdi, ayni damda esa xuddi kattalarday fikr yuritar, ayniqsa, ayasini xafa qilganlardan oʻch olish istagi uning tomirlaridagi qonni chinakam yigitlarnikiday olovlantirmoqda edi. «Faqat kim boʻldiykin u it?! Ha, mayli, kechqurun bilib olarman. Koʻrsatib qoʻyaman men unga birovnikiga kirish qanaqa boʻlishini!» U uylariga kirgan odam kim ekanligini ayasidan soʻrashga uyaldi. Oʻzicha qat’iy bir qarorga keldi-da, shahd bilan tashqariga chiqdi.

Ayasi tovuq boqamiz deganidan keyin katak qilish uchun bir talay guvala quyib tashlagandi. Hozir ana oʻsha yaqindagina quyilgan guvalalardan ikkitasini olib, oʻrik ostiga keltirdi. Bu orada xolasi chiqib ketarkan, «hoy, guvalachi, biznikigayam oʻtgin», deb qoʻydi erka bir ovozda. Uning qilayotgan ishiga e’tiborsiz nazar tashlab qoʻygan xolasi tugul ayasi ham «yosh bola oʻynayapti-da», deya oʻylagandi, xolos. U esa oʻynamayotgandi, oʻz nazdida, kechqurun boʻlajak «jangga» hozirlik koʻrayotgandi. Uning bolalik shoʻxliklariyu shumliklari toʻlgan miyasiga ayni damda tunda ularnikiga kirgan oʻsha odam kim ekanligini bilishu, u xaramining boplab adabini berib qoʻyish xayoli oʻrnashib qolgandi, Shu niyatda oʻrik ostiga ikkita guvala olib kelgach, yana allaqaerlarni timirskilanib, ayasi bozordan piyozu kartoshka tashiguvchi sun’iy ipdan toʻqilgan xalta va arqon topib keldi. Guvalalarni xaltaga solib, arqonni beliga oʻradi-da, tirmashib, oʻrik ustiga chiqa boshladi.

Oʻrikning yirik shoxlari ham bir nechta boʻlib, ular qingʻir-qiyshiq besoʻnaqay, gʻadir-budir tanasi qoraygan va dagʻalligidan bolakayning nozik tanasini, hatto, kiyimi ustidan-da, shilib yuborguday edi. Odatda, qari oʻriklarning mayda shoxlari xuddi chakalakzor boʻtala-riga oʻxshab, bir-birlariga chirmashib ketadi. Shuning uchun oʻrikning barglari ham koʻp, ya’niki gʻuj-gʻuj boʻladi. Bolakay qoʻlidagi xaltani qurigan kichikroq butoqqa ilarkan, oʻsha qalin barglar orasidan hovli etagidagi devorni koʻrish uchun biron tuynuk axtardi. Biroq rostdan ham barglar shu qadar qalin ediki, qani endi de¬vorni koʻrib boʻlsa. Baribir hovli tomondagi devordan oshib kiradi, deya oʻyladi bola, darvoza tarafdan oʻlsayam oʻtolmaydi. Shularni oʻylarkan, xaltani yana qoʻliga olib, ehtiyotkorlik bilan uyning tomi ustiga egilgan yoʻgʻon shox tepasiga oʻtdi. Aslida bu keksa oʻrikning har bir shoxi tanish boʻlganidan bola uchun uning ustida yurish unchalik qiyin emasdi. Har yili oʻrik pishigʻida bu oʻrikning ustiga necha bor chiqib-tushgan va shuning uchun qaysi shoxda oyoqni qaerga qoʻyishni yaxshi bilardi. Hozirgi ehtiyotkorligi esa qoʻlida yuki borligidan edi. U oʻsha shoxnnng oʻrtasida, ya’ni hovlining etagidan keluvchi odamning aynan ustini moʻljallab toʻxtadi va xaltani yana butoqqa ildi. Belidagi arqonni yechib, taxladi-da, uchi singan kalta shoxga bir bor aylantirib osib qoʻydi. Oʻrikdan tushib, hovli tomonga oʻtdi va devorning odam oshishi mumkin boʻlgan joyini chamaladi-da, oʻz fikriga yana bir bor ishonch hosil qilgach, ortiga qaytdi. Endi uning birdan-bir tashvishi tungi uyquni yengish edi. Ularnikiga kiradigan haligi noma’lum odam baribir yarim kechasidan avval kelmasa kerak. Chunki u ham xuddi oʻgʻrilar kabi bexatarroq paytni poylashi aniq Ungacha esa bolakay dong qotadi. Eng alam qiladiganiyam shu. Koʻpincha televizorda beriladigan kechki kinolarni rosa poylay-poylay, endigina boshlanay deganda, hatto, singlisidan oldin uxlab qoladi. Bu tirmizak singlisi kichkina boʻlgani bilan kitob oʻqishni, ayniqsa, ertaqlarni shunaqayam yaxshi koʻrardiki, katta uyga kirib olib oʻqigani-oʻqigan. «Uxlaysanmi-yoʻqmi», deya hatto, ayasi ham pinakka ketib qoladi. Aytganday, ertakni esladimi? Qaysidir ertakda oʻqiganmidi yoki singlisidan eshit-ganmidi, hoʻllas, undagi qahramonlardan biri kechasi uxlab qolmasliknipg chorasini topadi. Bola oʻz topqirligidan quvonib, jilmaydi. Ogʻrisa-chi?! — Oʻyladi keyin, ha nima, uxlab qolmasa boʻldi-da. Ogʻriqka chidaydi, axir u erkak kishi-ku! Bu uyning erkagi borligiga ayasini ishontirishi uchun ham chidashi shart.

Yotar payti ayasi singlisi ikkalovining rangli qalamlarini taroshlab beradigan piskani doimgi joyi boʻlmish tokchaga yozilgan gazeta tagidan oldi-da, koʻrpasiga kirdi. Ayasn chiroqni oʻchirishi bilan yonboshlab, chap oyogʻining tovonini ayvondan tushib turgan chiroq yorugʻiga tutdi. Tishlarini bir-biriga qattiq bosib, piska bilan tovonining ikki enlik chamasi joyini tilib yubordi. U kutgancha ogʻrimadi. Qon chiqishini birpas kutib turdi, hatto, kesilgan-kesilmaganligini tezroq aniqlash uchun barmoqlari bilan bir-ikki uqaladi ham. Qon chiqishi hamono boya oshxonadan olib kirib qoʻygan tuzni jarohatiga bosdi-da, labini tishlab, koʻzlarini yumdi. Bir lahza oʻtar-oʻtmas, jarohati jazillab achisha boshladi. Bola emasmi, bir muddat oʻz maqsadipi ham unutib, toʻlgʻandi, bilinar-bilinmas ingrandi. Bir oz boʻlsa-da, ogʻriqni qoldirish uchun koʻrpa ostida turib jarohatini puflay boshladi. Ayasi hali uxlamagandi, shu bois oʻgʻlining bezovtaligini payqadi.
— Nima qilyapsan, bolam? — deya soʻradi u oʻrtadagi singlisi osha boʻylarkan.

Bola oʻshandagina sergak tortdi, shoshib oʻzini oʻngladi-da, «hech narsa», dedi xotirjam ovozda.

Lekin baribir uyqu zoʻr keldi. Oyogʻining achishishi pasaydimi yoki shunchalar toliqqanmidi, tez orada dong qotib uxlab qoldi.

Ertalab ayasining ovozidan uygʻondi. U odatdagidek «maktabga kech qolasan», deya ketma-ket takrorlar va bu orada oʻz yumushlarini ham bajarardi. Bolakay oʻrnidan turib, eshik tomonga dastlabki qadamini qoʻyishi hamono chap oyogʻining tovoni zirqirab ketdi va shundagina tundagi urinishlarini esladi. Ogʻriqni unutish uchun jarohatli tovonini koʻtargancha tek turarkan, haligi odam kirmadimikin ishqilib, degan oʻy urildi miyasiga va uxlab qolgani alam qilib, afti tirishdi. Bir nimalar deya soʻkingancha, uxlab qolganiga goʻyo oyogʻi aybdorday tovonini polga ketma-ket qattiq bosdi. Endi ogʻriq unchalik sezilmasdi. Uy eshigidan chiqarkan, soʻrida oʻtirgan xolasiga koʻzi tushdi, yuvuqsiz holda u bilan koʻrishishga uyaldi-da: «Keling, xola» degancha shoshib hovli tomonga yurdi. Xolasi beparvogina: «Ha, turdingmi, polvon?» derkan, shu ondayoq jiyanini unutib, opasiga aytmoqchi boʻlib turgan gapida davom etdi:
— Yaxshi, bugun chiqmabdi, yer yutgur! — dedi u ovoziga bir oz sirli tus berib. — Ajabmas, insof berib, qaytib qadam bosmasa.

Bolakay xolasining bu gaplarini uyning muyulishiga yetganda eshitdi. «Xayriyat, bu kecha chiqmabdi, xarami!» — deya xursand boʻlib, yengil nafas oldi.

Bola kun boʻyi kechqurun uxlab qolmaslik chorasini qidirdi. Hatto, maktabda ham xayolidan shu narsa ketmay yurdi. Uxlab qolmaslik chorasini izlab bosh qotirgani sayin haligi odamning kimligini bilish ishtiyoqi kuchaygandan-kuchayaverdi. Baribir adabini beradi u iflosni!..

Odatda, ayasi kun boʻyi mayda-chuyda ishlar bilan tinim bilmaganidanmi, kechqurun toʻqqiz boʻlmayoq mudray boshlardi. Bu kech ayasining aynan shu odati bolakayga qoʻl keldi. Ayasining charchaganini bahona qilib, kitobga muk tushgan singlisini ham tezroq yotishga qistay boshladi. Niyati nima qilib boʻlsa ham ayasiga sezdirmay ertaroq tashqariga chiqib olish edi. Boʻlmasa, yana uxlab qoladi. Singlisini kitobdan ayirib uxlatguncha, soat ham undan oʻtib ketdi. Oʻrnidan turib, yonboshlab olib pinakka ketgan onasini uygʻotdi.
— Chiroqni oʻchirvoraymi, aya?

Bola chiroqni doimo ayasining oʻzi oʻchirishini va un¬dan oldin katta uyga kirib, koʻylagini almashtirib chiqishini juda yaxshi bilardi. Hozirgi soʻrovi esa uning shunchaki bolalarcha xiylasi edi.

Ayol uyqusirab oʻrnidan turarkan, «yotaver, oʻgʻlim, oʻzim oʻchiraman», deb qoʻydi. Bola esa ayasining koʻzi tushishini moʻljallab oʻz koʻrpasiga kirdi. Ayasi katta uyga oʻtishi bilan oʻrnidan turib, hali oʻramoqlab qoʻygan toʻshakni oʻz koʻrpasiga xuddi odam yotganday qilib joyladi-da, asta yurib tashqariga chiqib ketdi. Ayasi katta uydan qaytib, u tomonga birrov koʻz tashladi-da, yotganligiga ishonch hosil qilgach, eshikni ichkaridan zanjirladi va chiroqni oʻchirib, joyiga yotdi.

Bola iloji boricha tovush chiqarmaslikka urinib, oʻrikka tirmashdi. Bizga tanish yirik shoxning arqon va guvala solingan xalta ilingan qismiga yetib, arqonni oldi. Bir qoʻli bilan shoxni quchoqlab yotarkan, ikkinchi qoʻli bilan arqonni beli va yelkasi osha oʻrik shoxiga qoʻshib oʻray boshladi. Uning bu ehtiyotkorligi mabodo uxlab qolsa, pastga qulab tushmaslik uchun edi. Arqonni oʻrab boʻlgach, ikkinchi qoʻli bilan ham oʻrik shoxini quchoq¬lab, qulayroq joylashib oldi-da, oʻng yuzini shoxning gʻadir-budir tanasiga qoʻydi...

Oradan qancha vaqt oʻtdi, bilmaydi, bir mahal yelkasiga allanarsaning yengil urilishidan choʻchib, uygonib ketdi. Bu tungi sanqishlaridan qaytayotgan tomda yashovchi daydi mushukning oyoqlari edi. U har kuni necha bor oʻtguvchi, oʻzi uchun yoʻlak vazifasini oʻtaguvchi shox ustida yotgan odamni payqab-payqamay sakrab yuborgandi. Bola uygʻondiyu, qaerda yotganligini ilgʻay olmay, atrofidagi qorongʻiliqdan yuragini bir lahza vahm bosdi. Oʻzining qaerda ekanligini eslagach esa dagʻal oʻrik shoxi botib, yuzi, yelkasiyu koʻkragi va qoʻl-oyoqlari uvishib qolganligini sezdi. Ular shu qadar zirqirab ogʻrirdiki, bola emasmi, uyqusi qattiqligidan bu azoblarni avvalroq his qilmagandi. U qoʻllarining uvishganini yozishga urinarkan, tuyqus pastdagi odam sharpasini payqadi. Payqadiyu, sergak tortib, oʻzini bu yoqlarga eltgan maqsadini esladi. Pastdagi odam ayvonga yaqinlasharkan, bola uni tanishga urinib, qattiqroq tikildi. Ie, bu sinfidagi Shodi manqaning dadasi-ku! Oʻylari bularnikidap uch-toʻrtta eshik narida. Voy, traktorchi alkash-ey! Oʻzi oʻgʻlini hamma manqa, deb ermaqlab yursayu, sen birovni uyiga kirasanmi! Hu, ablah alkash! Bu uning bolalarcha toʻpori gʻazab bilan gʻoʻldirashlari edi. Bu orada Shodi manqaning dadasi ayvon chetiga yetib, qoʻlidagi mayda toshmi-kesaknimi ehtiyotkorlik bilan deraza oynasiga otardi. Derazaning bir-ikki tiqirlashidayoq ichkaridan ayasining sarosimali yuzi xira koʻrindi. «Tungi mehmon» tuzukkina ichib olgan shekilli, tebranib, qoʻli bilan ayasini tashqariga imlay boshladi.

Bola shu yerda turib ham ayasining uy ichida nima qilishini bilmay, bezovta tipirchilayotganini sezib turardi. Shu bilan birga anovi alkash birovning uyida xuddi oʻz uyida yurganday bemalol sanqishidan gʻazablanar, qaniydi kattaroq boʻlsayu, uni boʻgʻib tashlashga ham tayyor edi. Baribir unga koʻrsatib qoʻyadi birovning uyiga kirish qanaqa boʻlishini. U ehtiyotkorlik bilan yonidagi xaltaga qoʻlinn tiqib, guvalalardan birini oldi. Uii qoʻlida mahkam ushlab olgach, hamon ayvon chetida gʻimirlayotgan Shodi manqaning dadasiga birpas qarab turdi. Soʻng keskin bir tomoq qirdi. Shodi manqaning dadasi bir seskanib tushdi-da, shoshib oʻzini qorongʻiga olib, u yoq-bu yoqqa olazarak alangladi. Bu bola uchun ayni muddao boʻldi, chunki u bolaning shundoqqina ostida turardi. Bola qoʻlidagi guvalani rosa moʻljallab olgach, «tungi mehmon»ning boshiga otdi. Hali yaxshi qurimagan guvala «gurs» etib uning boshiga tegdi va boʻlinib ham ketdi. U «ix», dediyu yerga oʻtirib qoldi. Oʻsha ahvolda birpas pishillab turgach, oldiniga bir necha qadam emaqladi, keyin esa bukchayib gandiraqlagancha hovliniig etagiga yugurib ketdi.

Bolakay oʻzini shosha-pisha arqondan boʻshatarkan, bir paytning oʻzida ayasini oʻylar, shoʻrlik onaizori tashqaridagi gurso-gurslarni eshitib, yuragi yorilguday boʻlib turganligini ham qalban, ham aqlan his etardi. Shu bois ham tezroq pastga tushishga, tezroq ayasining koʻziga koʻrinishga urinardi. Chunki oʻzining tashqarida, yanaki oʻrik ustida ekanligi ayasining, hatto, tushiga ham kirmasligini yaxshi bilar, illo koʻrpa ostidagi dumaloqlangan toʻshak bu dunyodan bexabar pishillab uxlayotgan oʻgʻilchasi misolida edi.

Rostdan ham ayni zamonda uy ichida oʻtakasi yorilgu¬day boʻlib titragancha deraza ortiga olazarak boqayotgan ayasi tashqarida nima boʻlayotganligini tushunmas, oʻgʻlining oʻrniga qarash esa xayoliga ham kelmasdi. Qoʻrquv ichida hamon deraza oldida turarkan, tashqaridagi qorongʻiliq qa’ridan yorugʻ sari chiqib kelayotgan oʻgʻlini koʻrib tursa ham, avvaliga payqamadi, lahza oʻtar-oʻtmas, jilmaygancha ayvonga koʻtarilayotgan bolakay oʻz oʻgʻli ekanligini bildiyu «voy, oʻlay! voy, oʻlay!» deya bolasining koʻrpasi tomon tashlandi. Koʻrpani qayirib, oʻgʻlining oʻrnida oʻralgan toʻshakni koʻrgach: «Bolam!..» deb salkam qichqirib yubordi. Entikib eshik sari otildi, zanjirini tushirarkan, tilidan faqatgina «oʻgʻlim, bolam», degan soʻzlar uchar va shu bilan birga qoʻrquvdan karaxtlangan miyasi boʻlib oʻtgan voqeani tushunib borardi.

Ular ayvon oʻrtasida uchrashdilar. Bolakay hamon jilmayib turar, ayasi esa uni quchoqlab yuz-koʻzidan oʻparkan, yigʻlar va hansiray-hansiray soʻzlardi:
— Aylanay qoʻriqchi bolamdan! Uyimi erkagi boʻp qogan bolamdan oʻrgilay! Uyimga darvoza boʻp qogan oʻgʻlim meni!.. — ayol bu gaplarni dil-dilidan oʻrtanib aytar va hozirgi koʻz yoshlariyu oʻrtanishlari ila beva ayollarga xos bir necha yillik alamlari, hatto, koʻrgiliklari bagʻridan sidirilib chiqib ketayotgandek edi. Borki armonlari, oʻksinishlari mana shu kichkinagina oʻgʻilchasining bir necha daqiqalik jur’ati tufayli butunlay yoʻq boʻlib borayotgandek edi...

Oʻsha kunlarning birida bolakay yana maktabdan qaytardi. Oʻz supasida odatdagidek jilmayganday oʻtirgan Badal buvaning roʻparasiga kelganda qoyillatib salom berdi.
— Vaaleykimassalom, — dedi otaxon ovoziga qoyil qolayotgandek tus berib. — Barakalla ota oʻgʻil! Haqiqiy erkak!..

Bola yayragandan-yayradi.

Shu payt nariroqdagi darvozadan boshi bogʻlangan Shodi manqaning dadasi tamaki tutatgancha chiqnb keldi. Beixtiyor Badal buvaga koʻzi tushdiyu, bir gʻalati boʻlib oldi. Chamasi otaxonga roʻpara kelishi uning xayolida ham yoʻq edi.
— Boshing tuzukmi ishqilib? — dedi Badal buva kinoyaomuz ohangda.

Traktorchi indamadi. Cholga norozi qiyofada bir qaradi-da, «qaydanam chiqdim», deganday siltanib ortiga qaytdi.
— Erkagi bor uyni devolidan oshmagin-da!.. — deb qoʻydi otaxon zarda bilan.

Bu mahalda bola oʻz darvozasidan kirib bormoqda edi. U ichkari kirib darvozani yopdi-da, yelkasi bilan ham itarib, zichlab qoʻydi.

Shu payt roʻparasida oʻynayotgan singlisining oyogʻi ostida oʻralashib yurgan mushukka koʻzi tushdi. Lekin bola odatdagidek uni qoʻrqitmadi, unga qarab bilinar-bilinmas jilmayib, singlisining paxmoq sochlarini barmoqlari bilan yengil toʻzgʻitib qoʻydi. Soʻng yelkalarini koʻtarib u yoq-bu yoqqa qaradi. Ayvondagi soʻrida unga kulimsirab boqib turgan ayasi va xolasini koʻrib, ma’noli tomoq qirdi-da, mardona yurish bilan ular tomonga yoʻnaldi.

2001