OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nabi Jaloliddin. Intiboh (hikoya)
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiIntiboh (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm47KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Intiboh (hikoya)
Nabi Jaloliddin

Muqaddima

U oʻz ahvolini anglamasdi. Kunlarini sarxushday oʻtkazar, ne yumush ila band boʻlmasin, oʻsha ishni qilayotganligini sezib tursa-da, oʻzi boshqa bir ma’volarda kezib yurganday... Shu turishi, yurishi, yumushi, soʻzi va hatto yutayotgan nafasi omonatday edi. Bagʻrida ta’rifsiz bir sogʻinch bino boʻlgandi, biroq bu sogʻinchning sohibini bilmasdi. Tunlari esa oʻz bilganicha ibodat ila mashgʻul boʻlar, ixtiyorsiz koʻzlaridan yosh quyilib kelaverardi. Bomdod chogʻini bagʻoyat xush koʻrar, har tongning tarovatidan koʻngli oydin-oydin boʻlib ketardi. Ammo bomdod fursati oʻtib, ufq oqarib borgani sari va ayniqsa, quyoshning ilk nurlari koʻzga sanchila boshlagan onlarni unchalik xushlayvermas, bu paytda goʻyo nimanidir boy berayotganday, har kuni boʻgʻzidan olguvchi hayoti dunyoga yana botib borayotganday sezardi oʻzini. Shunisi aniqki, u har tong adogʻida nimasidandir, ehtimolki, judayam qimmatli, aziz narsasidan judo boʻlardi. Keyin esa... Keyin yigirma birinchi asrning darveshu devonasi tiriklik koʻyiga tushardi. Biroq koʻksidagi sogʻinch tark etishini aslo istamasdi. Olamning ovozi - barcha tovushlarning qorishigʻidan paydo boʻlgan tovush asta-sekin birgina soʻzga aylanib qolardi: Olloh, Olloh, Olloh...

Bir kuni juma namozini ado etmoq uchun masjidi jom’ega kirdi. Masjid har qancha ulkan boʻlmasin, namozxonlar koʻpligi bois hovlining sahnigacha odamga toʻlib ketgandi. Ayni saraton mahali, quyosh kuydirvoraman, deydi. U oftobroʻyadagi safga qoʻshildi. Biroq, nazdida, xiyol salqinday tuyulgan bu joy, koʻp oʻtmay, goʻyo olov ichra qoldi. U namozning avvalgi sunnatini oʻqiguncha jiqqa terga botdi. Kiyimlari hoʻl boʻlgani sari nafas olishi ham ogʻirlashib, havo yetmayotganday entikdi. Shu on koʻnglidan ushbu gap oʻtdi:
— Mengayam salqin joylaringdan bergin, yo Olloh!..

Qulogʻiga gʻoyibdan ovoz urildi:
— Loyiqmisan?!..

U behud boʻlib joynamozga quladi. Alqissa, shu kundan bor oromidan ham ayrildi.

1

Hazrati Xoja ashob ila Nasafdan qaytardi. Sogʻida (oʻngida) xos xalifasi Alouddin Attor.

Tun yarmidan ogʻgan, koʻr oydinlik koʻkdagi oltin rang oʻroqmonand hilolning uchiga ilingandek. Sokinlik. Unga faqatgina ot-ulovlarning tuyoqlaridan taralayotgan jarangdor tovushlar kushanda xolos...

Hazrati Xoja hamishadagidek mustagʻriq, hol avjida. Uni hech bir sas yoxud sharpa andarmon qilolmaydi. Aslida piri komil eng katta xavf parishonlikda ekanligini yaxshi biladi, buni muridlariga ham takror-takror uqdiradi. Xayolni yigʻib olmoq avliyolikning avvalidir, deydi goho. Andogʻki parishonlik Hazrati Xojaga begona. Ammo ayni damda Muzdoxun mozori yonidan oʻtib borarkanlar, koʻz oldida Xojai Jahon (Xoja Abduholiq Fijduvoniy)ning nuroniy chehrasi namoyon boʻldi-da, oʻz holining avvalini, mazkur mozordagi sirli diydorni esladi. Esladi-yu, bagʻridagi olov necha chandon ziyodalashdi...

Oʻsha kezlari - holning avvalida Bahouddin ibn Muhammad jazaba gʻalabasidan beqaror boʻlib, tunlari Buxoroni kezardi. (Bu iborani anglamaganlar uchun imkon darajasida biroz tushuntirish bersak: holning avvali degani - zuvalasiga Iloh ishqi qorilgan boʻlgʻuvsi avliyoning maqom va yoʻl topmagan sarxush holiga ishoratdir. Undayin zot oromini butkul yoʻqotadi, ixtiyorsiz ravishda buyuk sogʻinchda qovrilib, bagʻri chin ma’noda lov-lov yonadi. Uning yemishi beoromlik, riyozat, uyqusi xizmatu xorlik boʻladi. U fano dashtida foniylik istaydi). Goho mozoriston ichra kirar, qaysi mozorga bormasin, yonib turgan moychiroqqa roʻbaroʻ kelaverardi. Ammo, chiroqning yorugʻi ojiz boʻlib, piligini xiyol harakatga keltirish bilan avjliroq yona boshlardi. Ittifoqo tunlarning birida Muzdoxun mozoriga kirdi-yu, tagʻin piligi ojiz miltiragan chirogʻdonni koʻrdi. Qiblaga yuzlanib oʻltirgani hamono behud boʻlib, ostidan zamin, boʻgʻzidan havo, boshidan osmon koʻchib, muallaq qoldi. Bir zamon qibla devori yorilib, ulkan taxt paydo boʻldi. Taxt oldiga yashil parda tortilgan edi. Uning atrofida qatorasiga bir necha nuroniy chehrali kishilar oʻltirardilar. Bahouddin ularning orasidan Xoja Muhammad Boboi Sammosiyni tanidi. U sarxush edi, koʻrayotganlari gʻaybdan ekanligini ayni damda anglamayotgan esa-da, nur ichra ajib anjuman tuzgan jamoat lafzidan uchgan har bir soʻzni jon qulogʻi ila tingladi.

Jamoat ichidan bir kishi oʻrnidan qoʻpib, taxtdagi odamga ishorat qildi-da, dedi:
— Bu zot Xoja Abduholiq Fijduvoniydir, Olloh u kishining sirini muqaddas qilsin, yonidagilar esa alarning xalifalari erurlar. - Soʻng ularni bir-bir tanishtirdi. - Bu Xoja Ahmad Siddiq, Xoja Avliyoyi Kalon, Xoja Orif Revgariy, Xoja Mahsud Anjir Fagʻanaviy, Xoja Ali Romitaniy. - Xoja Muhammad Boboga yetgach, dedi: - Bu zoti bobarokotni sen hayotlik chogʻida topgansen. U senga bir kuloh bergan va tushayotgan balolar sening barakoting tufayli daf boʻlmogʻini bashorat qilgan edi. Kuloh Hazrati Azizondan yodgorlikdir.

Soʻng soʻzlaguvchi jamoat nomidan dedi:
— Soʻzlarimizga diqqat ila quloq sol, Hazrati Xojai Jahon (Abduholiq Fijduvoniy) soʻz aytadilarki, Haq taolo yoʻlidan bormoqda bunga amal qilmay ilojing yoʻq.

Bahouddin daroz boʻlganidan tiz choʻkib oʻltirsa-da jussasi oʻrta boʻyli odamga qiyoslaguday edi. Fayb olamidan taralgan ilohiy nur uning oq-sariqqa moyil yuzida, boʻynida jilvalanadi. Birdan shuuri tiniqlashib, koʻrib turganlari ruhlar dunyosiga mansub ekanligini ira-shira angladi. Yurak urishi tezlashib, tizzasidagi qoʻllarining uzun-uzun barmoqlari ixtiyorsiz titradi. Xayolida bir ulugʻ orzu uygʻonib, qalbidagi jur’at pinjida zaboniga koʻchdi.
— Oʻtinamen, ayo qutbi zamon piri murshidlar, Xojai Jahonga ta’zim etmoq va muborak jamoliga nazar solmoqqa ijozat bering! - deya bosh egib tavallo qildi u.

Pardani koʻtardilar: taxtda oʻltirgan yirik gavdali, boshi katta, chiroyli oq yuzli, tevaragida qamashiq nur oʻynagan qutbi zamon avliyo Xoja Abduholiq Fijduvoniy koʻrindi. Bahouddin yuragi boʻgʻziga tiqilguday boʻlib salom berdi. Ul zot yoyiq tabassum ila bosh silkib alik oldi. Endi Bahouddinning yurak urishi me’yorlashib, vujudidagi titroq tindi va quloqlariga oʻktam ovoz urildi. Nazdida, bu ovozni nafaqat u, balki jumla borliq tinglardi. Ovoz sohibi Xojai Jahon edi - u Bahouddinga shunday nasihat qildi:
— Oʻgʻlim, Bahouddin! Sen Haq taolo in’om etgan noyob iste’dod sohibisen. Olamga ma’rifat nurini yoyguvchi bu iste’doding piligini biroz harakatga keltirmogʻing lozim. Shunda yoʻling ravshan tortib, sirlar zuhurga keladi. Ollohning zikridan aslo gʻofil boʻlma. Jumla mahluqotga xolisanillo xizmat qil. Bu bilan Haqqa boradigan yoʻlni topasen va unga erishasen. Ayo Bahouddin! Har zamon va makonda oyogʻingni shariat asoslari ustiga qoʻy. Shunda amri ma’ruf va nahiy munkarga amal qilgan boʻlasen. Sunnatlarga toʻla rioya qil. Shariatni yengil tutma, bid’atlardan yiroq yur! Odamizot, hayvonotu nabotot sendan xizmat kutmoqda. Sayru sulukning avvali, oʻrtasi va oxirida Hizr alayhissalomdan qanday bilimu usullar olgan boʻlsam, ularni senga oʻrgatamen. (Bahouddin Naqshband Uvaysiy edi, ya’ni uni Xojai Jahonning ruhi tarbiyat etgandi. Hazrati Xoja bir umr uvaysiylikdan nasibalar topgan.) Koʻproq zikri hufiyaga ahamiyat qil. Ollohning tavfiqi rafiqing boʻlsin! Mustafo sallallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarini oʻz

Xojai Jahon jim qolgach, Xoja Muhammad Bobo dedi:
— Koʻrayotganlaring haq ekanligiga dalil shuki, sen ertalab mavlono Shamsuddin Olbashkanaviy oldiga borursen va Turk bilan Saqqo orasida muomala boʻlib, siz Saqqo tarafidasiz, ammo Turk haqlidir, deb aytasen. Agar Saqqo senga qoʻpollik qilsa, «Ey Saqqoyi tashna», deysan. U bu soʻzning sirini biladi. Ikkinchi dalil shuki: u bir ayol bilan zino qilgan va natijada valadi zino paydo boʻlgan. Ayolga bolani tushirishni buyurib, alqissa uning hovlisidagi tokning tagiga koʻmgan.

Soʻng jamoatdan bir kishi yana dedi:
— Bu gapni Mavlono Shamsuddinga yetkazganingdan soʻng, ertasiga uch dona mayiz olib, Regi Murda (Oʻlik qum) orqali shitob Nasafga - Sayyid Amir Kulol xizmatiga ravona boʻlasen. Pushtai Qaroxun (Qaroxun tepaligi)ga yetganingda senga bir qariya roʻbaroʻ keladi. U senga bitta issiq non hadya qiladi. Sen nonni olasen. Qariya ila aslo soʻzlashmagaysen. Undan oʻtib bir karvonga duch kelasen. Soʻngra esa bir otliqqa yoʻliqasen va unga nasihat qilasen. U sening qoʻlingda Ollohga tavba qiladi. Nihoyat Azizonning kulohini Sayyid Amir Kulolga yetkazasen.

Shundan soʻng qutlugʻ jamoat ichra bir sokin taraddud paydo boʻldi. Piri komillar birin-sirin sargʻish shu’la bagʻriga singib, koʻzdan nihon boʻldilar. Oxirida qibla devori yopilib, olam yana sukunat ogʻushida qoldi. Bu mozoristonga xos dilga biroz vahm solguvchi sukunat edi. Lekin azizlar tarbiyati va ilohiy jazba qurshovida boʻlgan Bahouddin minba’d qoʻrquvga tushmadi. Bil’aks ruhlar olami shuurini asta-sekin tark aylab, atrofidagi borliqni avval botinida, soʻngra zohiran ham angladi, koʻrdi. Idrok etdiki, boshi-yu koʻngli sokin halovat ichra edi, faqat bagʻri tobora qizib, olovlanib borayotganini sezdi. Shu tariqa oʻziga kelib, tana a’zolari harakatga tushdi. (Chunki gʻayb olami ila muloqot qalb va shuur ichra roʻy berganligi bois vujudi hech bir sa’ysiz qolgandi.)

Bomdoddan soʻng kulohning daragi yodiga tushib, zudlik ila Revartun tarafga ravona boʻldi. Kent ichra sarosar kezib, Hazrati Azizonning tabarruk kulohini izladi. Revartun shariat va tariqat sobit bir maskan edi. Shul bois kulohning manzilini bilgan kishilar tez topildi. Bir darveshi lomakonning kashkulida omonat ekan. Azizonning kulohini koʻrib, uning ahvoli oʻzgardi. Butun vujudi mum kabi erib, bagʻridan sogʻinchli nola otildi, kulohni bagʻriga bosib, uzoq yigʻladi, tun boʻyi boʻzladi. Tinsiz koʻz yoshlaridan egni boshi hoʻl boʻldi. Shundan soʻng dil shikasta yoʻlga tushdi. Mavlono Shamsuddinning manziliga yetib, uning masjidida bomdod namozini oʻqidi. Namozdan soʻng Mavlono Shamsuddinga roʻbaroʻ boʻldi va
— Elchilikka buyurilganmen, - dedi.

Mavlono kutilmagan tashrifning magʻzini chaqolmay hayron turganda yonida Saqqo koʻrindi.

Bahouddin gʻaybdan eshitgan qissasini shoshilmay soʻzlab berdi. Uning soʻzi tugar-tugamas, aytilganidek, Saqqo Turkning haq ekanligini inkor qilib, jirilladi:
— Sen nojins, ne malomatlarni soʻzlaydursen?! - deya kirpi misol xurpayib oldi. - Balki daliling ham bordir?!

Bahouddin xotirjam boqib turardi.
— Mening dalilim shuki, senda ilmdan nasiba yoʻqdir, ey Saqqoyi tashna?

Saqqo bu gapni eshitishi hamono suvsiz meshday shalvirab, boʻshashdi, yuvosh tortib, mute qiyofaga kirdi. Bahouddin va Mavlonoga ma’nosiz tikildi.
— Mening yana bir dalilim shuki, - Bahouddin goʻyo beixtiyor soʻzlardi. - Sen bir ayol ila fasod ish qilgansen va undan natija ham bino boʻlgan. Sening qistoving ila ayol qornidagini tushirgan va ikkovlashib hovlisidagi tokning ostiga koʻmgansenlar.

Saqqo buni ham inkor etdi.

Aytganlari Bahouddin uchun bashoratu karomat edi - buni bilardi. Saqqo va jamoat uchun esa quruq gapdan oʻzga narsa emasdek tuyulardi. Demak, endi dalilni ham isbot etmoq lozim edi. Bu fikr birinchi boʻlib Mavlononing xayoliga keldi. Shitob taraddud ila jamoatni boshlab, aytilgan hovli sari yoʻl oldi. Turgan gapki, Saqqoni ham birga borishga undadilar.

Ayolning hovlisi olis emasdi, tezda yetib bordilar. Koʻpchilikka tanish boʻlgan beva ayol Saqqoni jamoat ila koʻrib, qoʻrqqanidan oʻzini chetga oldi. Mavlononing amri ila bir yosh yigit belkurak topib, tok ostini kovlay boshlaganda, Saqqo bezovtalanib, har tomon alangladi - huddiki qochmoqqa joy qidirayotgandek edi. Ammo Mavlono uning qoʻlidan qattiq tutdi. Barcha amri oliyni kutayotgan lashkar misol jim qotdi. Ishning nihoyasi hamma uchun qiziq va muhim edi: jamoatning nigohi yigit kovlayotgan yerga qadalgan, yuraklarga vahm solguday sukunat ogʻushida tuproqqa tez-tez sanchilayotgan belkurak ovozi goʻyo jaranglab eshitilardi...

Mushtdekkina jasad qizgʻish matoga oʻrab koʻmilganidan, payqash va aniqlash oson kechdi. Mavlono uni qoʻliga olib, bir muddat ayanch ila tikilib turdi-da, jamoatga dedi:
— Ha, bu oy-kuni yetmagan goʻdakning jasadi.

Shu gapning ortidan Saqqo Mavlononing oyoqlari ostiga oʻzini tashlab, tavba qilishga tushdi.

Biroq Saqqoning iltijolari e’tiborsiz qoldi. Odamlar ochiq-oydin karomatga shohid boʻlib turardilar. Demak, bu xabarni yetkazgan yigit sohib karomat ekanda, degan oʻy oʻtardi ularning xayolidan. Ana shundagina Bahouddinning bu yerda emasligini payqadilar. Payqadilaru, Mavlono boshliq yana masjid sari yeldilar.

Bahouddin tiz choʻkib oʻltirar, boshi tizzalari qadar egilib, Iloh mushohadasiga mustagʻriq edi. Mavlono yetovidagi jamoat kirib, uning ortida tiz choʻkib, jim qoldilar.

Eshon (Bahouddin) ilohiy fayz ogʻushida kunni kech qildi. Uning uchun endi jamoatning e’tibori ham, aytilgan gaplarning rost-yolgʻonligi, Saqqoning tavbasi ham ahamiyatsiz edi. Bil’aks, bular uning qalbini xiyol malollantirar, chunki barini mashoyix karomati tufayli avvaldan bilardi va bilganlariga shaksiz ishonardi. U oʻzidanu dunyodan mosuvo turar, mudom jonu jahonini qamragan fayz ixtiyorini olgandi. Bu ixtiyorsizlik ham xush yoqar va ham halovatsiz olov ichra solardi. Andogʻki, vujudu joni huzurbaxsh qovrilardi. Shul bois ayni holidan ayrolikni istamas, ibtido va intihoni ham shunda koʻrardi.

Shom namozi goʻyo bir lahzada adolangandek tuyuldi, jonidagi otash tagʻin ziyodalandi. Taomni ham rad etdi. Mavlono Shamsiddin sohibi hol, uygʻoq koʻngilli zot edi - jamoatga ruxsat berib, Eshonni tanho qoldirdi. Bu tun ham bedor kechdi - namozlar zikrga, zikrlar mushohadaga evrildi.

Tong otdi. Xurshidi olamning ilk paykonlari qoramtir minoraning koʻksiga sanchildi. Bahouddin buyurilganidek uch dona mayiz olib, Regi Murda yoʻliga otlanganda Mavlono chorlab, avval iltifotlar koʻrsatdi, soʻngra dedi:
— Sening darding bizga ayon va davosi ham bizning qoʻlimizda. Shu yerda qol, toki tarbiyat etmoqqa mashgʻul boʻlaylik.

Bahouddin oʻng ilkini koʻksida tutib, javob qildi:
— Men oʻzgalarning farzandimen, nasibam oʻzga dargohda. Agar siz mening ogʻzimga koʻkrak solsangiz, uchini tishlab olishim mumkin.

Mavlono javob ta’sirida bir muddat jim qoldi. Nihoyat Bahouddinning qaboqlari ichra botgan, alanga porlayotgan koʻzlariga samimiy boqib, ketishiga ruxsat berdi.

Eshon dargohdan chiqib, beliga belbogʻ bogʻladi-da, ikki yigitga belbogʻning ikki uchini ushlatib, qattiq tortishni soʻradi. Beli qorni aralash qattiq qisilgach, aslida ham bir muncha ta’sirsiz ochlik barham topib, vujudida quvvat paydo boʻldi. Bu ahd belbogʻi edi. Ana shu ahd yetovida yoʻlga ravona boʻldi. Oyogʻi yerdan uzilib, uchib ketdi goʻyo. Yoʻl oh urib, shitob qisqara boshladi. Pushtai Qaroxunga yetganda bir aftodahol cholga duch keldi. Chol unga bitta issiq non berdi, lekin biron soʻz aytmadi. U ham cholni soʻzsiz tark etdi. Yana oʻshanday shasht ila yoʻlida boraverdi. Oyoqlari ostida toʻlgʻongan ilonizi dasht yoʻlining oqish-sargʻish tuprogʻi tovonlari zarbidan qoʻpib, havoga qorishdi. Bu safar ancha yurdi. Nihoyat ohista yoʻrgʻalayotgan karvonga yoʻliqdi. Karvondagilar undan «Qaerdan kelyapsan?» - deya soʻrashdi. U manzilini aytdi.
— U yerdan qachon chiqqan eding? - soʻradi kimdir.
— Bugun zavol mahali (quyosh koʻtarilayotganda demoqchi).

Ahli karvonning yuz-koʻzida hayrat balqib, bir-birlariga qarab oldilar.
— Jinnimi nima balo? - ensasi qotdi ularning. - Aytgan manzilidan bu yergacha necha farsax boʻlsa. Biz tunning avvalida u yerdan chiqib, endi shu joyga yetdik-ku!..

Bu payt quyosh tikkaga kelib, peshin namozi fursati yetgandi.

Karvondagilar kula-kula qoldilar. Boisi, Bahouddinning angori gʻofil nazar uchun chindan ham savdoyiga oʻxshab ketardi. U karvondagilarga parvosiz oʻtib, ular koʻzdan pinhon boʻlganda peshin namozini ado etdi-da, yana yoʻlga tushdi. Bir muddat yurgach, endi aytilgan otliqqa roʻbaroʻ keldi. Uning yaqiniga borib, odob bilan salom berdi. Otliq xavotirli nigohini unga qadab, soʻradi:
— Sen kimsen? Men sendan xavfdamen! - Uning ogʻzidan badboʻy hid anqidi.

Bahouddinning tilidan beixtiyor shu gap uchdi:
— Men seni tavbaga yetkazguvchi kishimen.

Otliq uning koʻzlariga qattiq tikildi-da, tebranib ketdi. Siltanib otdan tushib, may toʻla idishlarini yerga urib sindirdi, keyin oʻzini Bahouddinning oyoqlari ostiga tashladi.
— Dardimning tabibini topdim, - deya zorlandi u. - Tavba qildim, yo Olloh, tavba qildim! Duo aylang, ayo hazrat, zora iltijoimni zul Jalol qabul etsa!..

Bahouddin otliqqa ikki ogʻiz nasihat qilib, dastlabki vazifani berdi-da, uning tavbasi qabul boʻlishini tilab, duoga qoʻl ochdi.
— Endi bizni va soʻzimizni istasang, Olloh nasib etsa, toparsen, - deya yana yoʻlga tushdi.

Unga mudom yoʻlning olis-yaqinligi-yu zahmati sezilmasdi. Vujudida gʻayb olovi, qalbida ilohiy jazaba, shuurida sobit umid va niyat ila bir maqsad sari intilardi.

2

U nihoyat Nasafga yetib, Sayyid Amir Kulol qoʻnim topgan qishloqqa kirib borarkan, xush nasiymu yoqimli boʻylar dimogʻiga urilib, sarxushlandi. Shayxning ostonasiga bosh urib, qalbiga halovat istadi va kirishga izn soʻradi. Ijozat boʻlgach, ta’zim ila ichkari kirib, salom berdi. Hazrati Kulol yolgʻiz edi. Xona toʻrida oʻltirgan bugʻdoyrang yuzli, koʻkragi keng, qoʻllari uzun, chatmaqosh, qalin soqoliga oq oralagan pahlavon kelbatli shayxni koʻrib, Bahouddinning ahvoli oʻzgardi. Bagʻridagi oʻt ziyodalashdi. Yetmish yoshni qarshilayotgan valiyullohning nurposh chehrasidan fayz yogʻilardi.

Bahouddin shayxni oxirgi bor jannatmakon piri Muhammad Bobo bandalikni bajo keltirganda Sammosda koʻrgandi. Hazrati Kulol piri murshidi, Shamsi Haq (Haq quyoshi) laqabini olgan Muhammad Boboning janozasidan soʻng qirq kun chilla oʻltirgandi. Oʻshandan buyon, mana, oʻn yildan ziyod vaqt oʻtibdi. Biroq bu yillar shayx Mir Kulolga qariyb ta’sir qilmabdi, faqat ul zotdagi nur, fayz barakot kasb etibdi.

Bahouddin bu gaplarni oʻylash holida emasdi, jonu jahoni Iloh ishqi, jazabasi ogʻushida jizgʻanak, kutgani shayxdan mujda-yu himmat edi, xolos. U qoʻynidan Hazrati Azizonning kulohini olib, shayxning oldiga qoʻydi. Shayxning holi oʻzgardi, bosh egib, uzoq sukutga toldi. Bahouddin esa shayxning fayzini, oʻziga koʻchayotgan nuri ilohiyni tobora teran his etib, bagʻri kuygandan-kuyardi. Bu onlar gʻanimat va bagʻoyat huzurbaxsh edi. (Muhtaram oʻquvchi uchun ikki ogʻiz izoh: tariqatda kamol koʻp ibodat qilish, zikrdagi sobitlik va ziyodalik, ham jismoniy, ham ruhiy parhezkorlik tufayli topiladi. Kamol va maqomga erishishning nisbatan «eng oson» hamda «engil» yoʻli esa komil pirning nazari muboragiga sazovor boʻlmoqdir. Ana shunda solih murid oz fursatda yuksak darajalarga musharraf boʻlmogʻi mumkin. Ayni damda Bahouddin oʻshanday holat ogʻushida edi.)

Nihoyat shayx boshini koʻtarib, Bahouddinga boqdi.
— Bu kulohni ikki parda orasida saqlashga senga ishora boʻldi, - deya muborak kulohni ikki qoʻllab unga uzatdi.

Bahouddin oʻrnidan turib, tavoze ila kulohni oldi va koʻzlariga surdi.

Sayyid Mir Kulol Bahouddinni goʻdakligida koʻrgandi. Aslida Bahouddin hazrati Muhammad Boboning qutlugʻ nazariga undan-da muqaddamroq sazovor boʻlgandi.

Muhammad Bobo Buxoro yonidagi Qasri Hinduvon qishlogʻidan koʻp bor oʻtgandi. Bir galgi oʻtishida tuyqus yurishdan toʻxtab, koʻzlarini yumgancha sukutga toldi. Soʻngra koʻzlarini ochib, samoga intizor termuldi. Kipriklariga yosh qalqdi. Ortidagi ashobga bir-bir nazar tashlab, mayin jilmaydi.
— Bu ma’vodan bir mardi Xudoning hidi kelmoqda, - dedi ohista. - Tez fursatda Qasri Hinduvon Qasri Orifonga aylanajak.

Valiyullohning bu karamli nafasi zoe emasdi - el aro bashorat boʻlib taraldi. Kunlarning birida xos xalifasi Sayyid Mir Kulolning Afshonadagi manzilidan Qasri Hinduvonga borayotib, yana sukutdan soʻng aytdi:
— Hid ziyoda boʻlibdi, oʻshal mardi Xudo dunyoga kelganga oʻxshaydi.

Bu hijriy 718 yil edi. Oʻshanda Bahouddinning tavalludiga uch kun boʻlgandi. Muhammad Bobo Qasri Hinduvonda toʻxtab, xonaqohda qoʻnim topdi. Xalq ul zotning ziyoratiga oshiqdi.

Bahouddinning bobosi Xoja Muhammad Boboning muxlislaridan edi. Uning koʻnglida nabirasini Xojaning huzuriga olib borib, muborak nazariga solmoq istagi yondi. U bu istagi Ilohning marhamati, Xojaning himmati tufayli yuzaga kelganligini toʻla anglamagan boʻlsa-da, nabirasini ortiq niyozmandlik ila Xojaning huzuriga eltdi.

Hazrati Xoja xalqqa va’z aytardi. Boʻsagʻadagi bagʻrida yoʻrgaklangan goʻdak tutgan oqsoqolni koʻrib, bugʻdoyrang yuzidagi nur va tabassum kengaydi. Oqsoqolni oʻzi sari chorladi. Goʻdakni ilkiga olib, yuziga tikildi.
— Bul bizning farzandimiz va biz uni qabul qildik, - deya endi xaloyiqqa yuzlandi. - Biz hidini sezgan mard shuldir. Inshoolloh u oʻz davrining peshvosi boʻlajak. Bul mardi Xudoning fayzidan har ne balo daf boʻlib, ul Balogardonligʻ sharafiga erishgʻuvsi.

Hazrati Xoja goʻdakka Bahouddin ismini berib, qulogʻiga azon aytdi. Soʻngra Sayyid Mir Kulolga boqib, shunday amr etdi:
— Farzandim Bahouddindan shafqatingni darigʻ tutmagaysen. Agar nuqsonga yoʻl qoʻysang, seni aslo kechirmaymen.

Hazrati Xoja bosh boʻlib barcha duoga qoʻl ochdi...

Ana oʻshanda Sayyid Mir Kulol ilk bor Bahouddinni koʻrgan va jajji yuziga nazar solgandi.

Mana, roʻbaroʻsida Muhammad Boboi Sammosiydek, Olloh u kishining sirini muqaddas qilsin, avliyoning nazariga sazovor boʻlgan va ul zotning amri tufayli farzandlikka qabul etgani qutlugʻ istiqbolli yigit - Bahouddin tavozeda oʻltiribdi. Uning ahvoli, kechmishi shayxga ayon edi, demak, ortiq savolga hojat yoʻq. Piri murshidi Muhammad Boboga bergan va’dasini ado etish vaqti yetdi. Mir Kulolning nazdida, lov-lov yonayotgan Bahouddin obdon qorilgan, pishitilgan loy kabi edi. Endi undan ne buyum yasamoq kulolning mahoratiga bogʻliq. Bu xususda aslo xatoga yoʻl qoʻyib boʻlmas, illo rahmatli pirining ixtiyori ham shunday edi.

Shayx jiddu jahd ila Bahouddinga boqarkan, oʻzining bolalik va oʻsmirlik chogʻlarini, hazrati Muhammad Boboning muborak nazariga tushgan onlarini esladi. (Tariqat shayxlari xayolni parishon qilib, ortiqcha oʻyga berilishni ta’qiqlaganlar. Ularning fikricha, qalb va shuur Olloh, qoʻl esa mehnat ila band boʻlmogʻi lozim. Parishonlikda xavf bor, zero xayol shaytoniydir. Shayxlarning xotirasi bagʻoyat kuchli, koʻp narsa xotirlarida saqlangan. Shuningdek, ular har qanday xayoldan mosuvo boʻlib, qalbu shuurlarini ozod tuta olganlar. Xayol xavfi asosan muridlar uchundir. Muallifning shayxni bu holatda tasvirlashi esa syujet majburiyati tufaylidir.)

Amir Kulolning ajdodlari Buxoroning Afshonasida turgʻun boʻlganlar. Bu maskan hoziq tabib va olam olimi Abu Ali ibn Sino tufayli avvaldan yetti iqlimga dong taratgandi. Zuvalasi shu tuproqdan qorilgan koʻplab ilmpeshalarning ulugʻlikka dohilligi ham rost. Ularning biri boʻlmish Amir Kulolning asli ismi Amir Kalon edi. Keyinchalik ota meros hunari kulolchilik ila shuhrat topgach, Amir Kulol laqabini olgandi. Aslida u oshiq qalblarga goʻzal shakllar, ma’no-yu ishqlar solib, tariqat ahli orasida valiy qalblar kuloli boʻlib ham tanilgandi. (Xojagon-Naqshbandiylik sulukiga mansub muridlar va hatto shayxlar ham hech yoʻq bir kasb-hunarning sohibi boʻlganlar. Oʻz mehnati ortidan halol rizq topib, tirikchilik oʻtkazish mazkur tariqat ahlining asosiy tamoyillaridan edi.) Uning otasi bilan oʻz zamonasining ulugʻlaridan boʻlmish Hazrat Sayyid Ato oʻrtasida doʻstlik ahdi bor edi. Ul zot Buxoroga safar qilganida albatta Afshonaga tushar va doʻstining xonadonida mehmon boʻlib, tasavvufiy suhbatlar qurardi. Ana shunday safarlarining birida koʻchada oʻynayotgan bir toʻp bolalarga roʻbaroʻ keladi. Ularning orasida toʻrt yoshlar chamasidagi Amir Kalon ham bor edi. U bolalardan ajralib, yugurib Sayyid Atoga yaqinlashib, odob bilan salom beradi. Hazrat goʻzal tavoze ila alik olib, bolakayni olqaydi, ilkidan tutib, doʻstining xonadoniga boshlaydi. Biladiki, bolakay oʻz birodarining oʻgʻli ekan. Uni bagʻriga bosib, duolar qiladi. Soʻng boshidagi sallasini yechib, teng ikkiga boʻladi va birini oʻz boshiga, ikkinchi boʻlagini esa Amir Kalonning boshiga oʻraydi. Bolakay Hazratning ijozati ila koʻchaga chiqib, yana oʻyin ila andarmon boʻladi. Oradan bir osh pishar fursat oʻtgach, Sayyid Ato Amir Kalonni chaqirtiradi. Bolakay kirib, ul zot qoshida qoʻl qovushtiradi. Avliyo bolaning boshidagi sallani olib, oʻz boshidagi sallaning uzunligiga solishtirib koʻradi. Amir Kalonning sallasi uch bosh hajmida uzun boʻlib qolgan edi. Sayyid Ato sallalarni qayta-qayta taqqoslab koʻrsa hamki bu hol takrorlanaveradi. Shundan soʻng piri komil istigʻfor aytadi, mushohadaga berilib, koʻzlarini yumadi. Ma’lum fursat oʻtgach, ehtiros ila xitob aylaydi:
— Bu farzandni beqiyos mujdalar kutmoqdaki, martabasi ulugʻ, hatto mendan ham ziyoda boʻlgʻuvsidir!

Keyin-keyin Amir Kalon Amir Kulol boʻlib, umrining oʻsmirlik pogʻornasida maydonlarda kurash tusha boshladi. Filhaqiqat, u pahlavon kelbatli - yelkalari keng, bilaklari baquvvat edi, biron kimsa yelkasi yerga tekkanini koʻrmadi. Ba’zilar uning bu mashgʻulotidan hayratga tushar, dil ahlidan boʻlmish kishi bundayin bid’at ishlarni tutmas, deya yozgʻirardilar. Ammo Amir Kulol oʻz bilganidan qolmasdi. Jur’at etib, soʻraganlarga esa «Bu mashgʻullikdan maqsad gumnoklikdir», deya javob berardi. («Gumnoklik» deb ataylab oʻz nomini yerga urish, xalqning oʻzi haqidagi tasavvurini sindirishga aytiladi. Zero u zamonlarda Rumda bino boʻlib, butun Sharq dunyosiga tarqalgan malomatiylik suluki, xususan, Movarounnahr ichra ham bir muncha xonaqohlariga ega edi. Balki Amir Kulol hol ibtidosida ulardan ham ixtiyorsiz mutaassir boʻlgandir. Aslida nafsni xorlab, menlikka-xudparastlikka qarshi muhoraba etmoq barcha suluklarga xosdir.)

Amir Kulol kurash maydonlarida ushbu ruboiyni ham aytib qolardi:

Kimsaki obroʻyu nom olmoqqa jiddu jahd erur,
Sen oni oshiq dema, dunyoparast, badbaxt erur.
Ishq yoʻlida bir sifat bor - xorligu badnomlik,
{{ls2}Chun shu badnomlik tufayli oshiq sohib taxt erur.

Oʻshanda u oʻn besh yoshlarda edi. Oʻzidan bir bosh baland pahlavonni gir aylantirib, na’ra ila xokisor etdi. Chor tarafdan olqish taraldi, u sharaf ostida qoldi. Lekin maydon chetida oʻltirgan bir jamoat uni mazammat va malomat qila boshladi:
— Qarang, shundayin nazarkarda, ahli dilga dohil odam bid’at ila mashgʻul turur!

Bu gap aytilgani zamon jamoatni uyqu eltdi, barchalari bir xil tush koʻrdilar: Mahshar kuni emish, olamu bani bashar talvasa va qoʻrqinch ichra qolmish. Tush koʻrguvchilarning hammalari ma’siyat botqogʻiga botgan, oyoqlarini sugʻurib olmoqqa hollari kelmay, xalos boʻlmoqqa iloj topolmay turadilar. Shu on Amir Kulol paydo boʻlibdi-yu barini botqoqdan bir-bir tortib olibdi-da, debdi:
— Biz badan ishlarini mana shundayin paytlarda sizlarga yordamimiz tegsin uchun qilurmiz. Zinhor-bazinhor yuraklaringizga gumonu ishtibohni yaqinlashtirmang, birovlarga haqorat nazari ila boqmang. - Soʻng nasihat qilibdi: - Agar dil ahli nazari oʻzingga tushishini istasang, gʻurbat yoʻlida misoli tuproq kabi aftoda boʻlgʻaysen!

Jamoat uyqudan uygʻonib, shuurlari mastu karaxt holda bir-birlariga hayron termulib turganlarida Amir Kulol ular qoshiga keldi.
— Ayo birodarlar! Biz sizni Qiyomatda gunohlaringiz botqogʻidan Olloh zul Jalolning inoyati ila chiqarib olmoq uchun ish beradi, deya kurash tushamiz, - xitob qildi u oʻktam ovozda. - Darvishlar haqida zinhor badgumonlik qilib, bee’tiqod boʻlmang. Ularga munkir ham kelmang, illo haqiqatdan bexabarsiz.

Jamoat oʻrnidan qalqib, Amir Kulol poyiga oshiqdi. Ular gʻaybdan ochiq-ravshan karomat zohir boʻlganligini payqab, tavbani ixtiyor etdilar. El aro avliyolar qalblarning aygʻoqchilaridir, zero ular huzurida dilni toʻgʻri tutmoq lozim, aksi boʻlsa, xayol sohibiga xavf bor, degan gap yuradi. Ayni damda, jamoatning koʻrgani shunga ishorat edi.

Amir Kulol hazrati Boboning nazariga ham shu tariqa musharraf boʻlgandi. Oʻshanda Amir kulol Rometanda kurash tushar, raqiblarini birin-ketin magʻlub etar, xaloyiq esa uni tinmay olqishlardi.

Biroq u maydon chetidagi devor ostida kurash tomosha qilayotgan Boboyi Sammosiyni koʻrmasdi. Boboning kurashchilarga qadalgan koʻzlariga boqib, ashablaridan biri soʻradi:
— Xojam, bu mardum bid’at ish ila mashgʻul, siz esa undan nafratlanish oʻrniga nechuk hayrat ila boqmoqdasiz?
— Ey bolam-a, - deya bilinar-bilinmas jilmaydi pir. - Bu maydonda bir mard borki, oʻzi sayyidzodadir. Inshoolloh, suhbatidan barcha komil insonlar bahramand boʻlgʻuvsidir. Biz oʻshal mardni kutib turibmiz, zero uning parvozi gʻoyat baland, maqomi ham oliydir.

Shu payt Amir Kulolning holi oʻzgardi, raqibini dast koʻtarib, yelkasi osha yerga urdi-yu, ortidan oʻzi ham yerga oʻtirib qoldi. Xaloyiq hayrat ichra uvlab yubordi. Amir Kulolning qalbida jazaba paydo boʻlib, otash ogʻushida atrofga moʻltirar, intizor koʻzlari kimnidir izlardi. Alhol nigohi devor ostidagi Hazrati Boboga tushib, shiddat ila oʻrnidan qoʻpdi, jon xalpida yugura borib oʻzini ul zotning oyoqlari ostiga tashlab, vovaylo qildi. Yuragi qattiq xapriqqanidan biron soʻz aytolmas, boshini nuqul pirning oyogʻiga urardi.

Ashob pirning karomatidan lolu hayratda sukutda qolgan, xaloyiq esa bu hodisotning magʻziga yetolmay halak edi.

Hazrat Bobo Amir Kulolning boshu yelkasini siladi.

— Muddaoga yetdik, boʻtam, - dedi taskin ohangida. - Xudo xohlasa, bizning domimizga sayd boʻldingizki, inshoolloh, najot yaqin.

Amir Kulol oh urdi:
— Tavba qildim, bobo, tavba qildim! Minba’d bu bid’at ishni qilmasmen. Oʻzingiz yoʻl koʻrsating, ayo pir!

Shu-shu Hazrat Bobo uni farzandlikka qabul etib, ixtiyorini oldi, tarbiyat qildi va u koʻp fayzu kashflarga musharraf boʻldi...

Sohibi irshod shayx Amir Kulol oʻshal xush damlarni eslab, Bahouddinning ahvolini ham payqab, ham unga havas-la boqib, xushnud oʻltirardi.

3

Bahouddinning oʻsmirlik paytlari edi. Bir kecha tush koʻrdi: Yassaviy shayxlardan boʻlmish Hakim Ota uni bir darvishga topshirayotgan emish. Darvishning ham nurli, ham haybatli qiyofasi Bahouddinning xotirida muhrlanib qoldi. Ertalab tushini duogoʻyi Soliha buvisiga aytib berdi. Buvisi nekbin qalbli ziyrak ayol edi. Tushning ta’birini darrov angladi shekilli, «Senga, inshoolloh, Yassaviy mashoyixdan nasiba yetguvsidir», deb qoʻydi oʻychan. Biroq darvish uning koʻz oldidan ketmay qoldi, yursa ham, tursa ham qalbida uni koʻrish ishtiyoqi joʻsh urardi. Ayni damdagi ixtiyori oʻshal darvishning ilkida ekanligini toʻla tushunmasa-da, ixtiyorsiz unga sari talpinar, goho koʻcha-koʻylarda biron darvishni koʻrdi deguncha, ortidan chopib, uning kim ekanligini aniqlamaguncha tinchimasdi. Odamlar aro har nafas darvishni izlardi. Dilidagi sogʻinch tobora oʻt olib, jonu jahonini kuydirardi.

Bir kuni shaharning Ohangaron darvozasidan chiqayotib, banogoh oʻshal darvishni koʻrib qoldi. Darvishning sochlari oʻsiq - muloh monand, boshida ming bahyali kuloh, ilkida ud daraxtidan qilingan aso. Odatda yassaviya darvishlari mana shunday qiyofada yurardilar.

Bahouddinning yurak urishi tezlashib, «gʻilq» etib yutindi, yoʻqotib qoʻyishdan qoʻrqqanday darvishga nigohini qattiq qadadi. Shu holida dilida na quvonchni va na oʻzga tuygʻuni his etmadi. Biroq u hali biron qarorga kelib ulgurmay, darvish ancha uzoqlashib qolgandi. Oyoqlari beixtiyor ilgariladi, koʻzlari mudom darvishda. Shunisi qiziqki, ayni damda kun erimagan, asr quyoshi hali oʻz yostigʻini qidirmayotgan payt boʻlsa-da, nechukdir olam xira qorongʻulik ichra qolganga oʻxshardi. Yoxud Ba¬houddinga shunday tuyularmidi. Atrofidagi odamlar va umuman ikki yonidan u yoq-bu yoqqa oʻtayotgan tirik jon borki - ot-ulovmi, xachiru sakmi - hamma-hammasi qora sharpalar mengiz koʻzlarining qiriga urilar, u bularni koʻrmas, koʻrmoqni ham istamas, yagona muddaosi - darvishni koʻzdan qochirmaslik edi. Saydi biron bora ortiga qayrilib qaramadi, yo u hamma narsani sezib turardi-yu oʻzini dunyo ila ishi yoʻqdek tutardi, yoki dunyo unga e’tiborsizdek edi. Alhol u torgina Murgʻkoʻshi koʻchasiga burilib, qadamini tezlatdi. Endi Bahouddinning odimi ham ixtiyorsiz jadallashdi. Biroq bu koʻchada uzoq quvishmadilar, darvish qoʻngʻir tusi uniqqan ikki tavaqali kichik eshikdan kirib, zumda koʻzdan gʻoyib boʻldi. Bahouddin qimmatli nimarsasini boy bergan odamday bir muddat bilinar-bilinmas tipirchiladi, darvozaning u yoq-bu yogʻiga boʻylab, ichkariga qarash uchun tirqish izladi. Lekin darvoza anchagina eski boʻlsa-da, koʻzga ilingulik tirqish topolmadi, ochishga yuragi betlamay ortiga qaytdi. Avvaliga koʻnglidagi umidi soʻnayotgandek tuyuldi, ozgina yurgach esa, axir hech yoʻq uni koʻrdim, manzilini bildim-ku, degan fikr umidiga kuch bagʻishladi. Ortiga qayrilib, darvozaga yana bir bor tikilib qoʻydi.

Yarim tun. Kechaning sirli va hikmatli qismi olamga sohiblik qila boshlagan. Bahouddin mushohadani adogʻlab, zikrulloh taraddudida edi. Shu payt xonaqohga birov kirib, uni soʻroqladi. U shahd oʻrnidan qoʻpib, soʻraguvchiga peshvoz chiqdi, koʻngli bir yaxshilikni sezganidan uning ogʻziga tikildi.
— Halil otligʻ yassaviy shayx yoʻqlaydur seni, - dedi kelgan odam salom-alikni ham unutganday.

Quvonchdan yuragi boʻgʻziga urdi. Kuz - ayni pishiqchilik emasmi, xonaqoh omborida Buxoro ne’matlari moʻl yigʻilgandi. Bir tugun hadya olib, Murgʻkoʻshi koʻchasi sari oshiqdi. Ne tongki, unga na zimistonlik va na kuz tunining koʻzu quloqni xiyla achitguvchi ayozi ham sezilmas, oyoqlari beixtiyor shitob odimlardi. Mana, oʻsha tanish darvoza, mudom yopiq, qoʻngʻir tusi ham endi bilinmas, butun boricha qorongʻulikka qorishib ketgandi. Uning nazdida, darvoza oʻz-oʻzidan ochilib ketganday tuyuldi. Boʻsagʻada hali uni yoʻqlab borgan odam turardi. Qachon yetib kela qoldiykin, degan savol Bahouddinning shuurini siypab oʻtdi, xushxabar sohibini allaqachon unutibman-a! Uning yetovida bir hujraga kirdi. Moychiroqning ojiz nuri xona ichini sargʻish rangga chulgʻab xira yoritar, burchaklari qoraygan devorlar koʻzga sovuq koʻrinsa-da, huzurbaxsh sokinlik dilni darrov oʻz ogʻushiga olardi. Bahouddin toʻrdagi darvish - Halil Otani bir qarashdayoq tanidi. Uning yonida yana toʻrt kishi bosh egib oʻltirardilar.

U salom berib, poygakka choʻkdi. Hali atrofdagilarga tuzukroq qarab ulgurmay, shuurida oromini olgan tushini aytish istagi tugʻyon urdi. Lekin ichidagi ichida, tilidagi tilida qoldi.
— Ulkim sening koʻnglingdadur bizga ayondur, aytmoq ne hojat? - dedi shayx lablarining qimirlashini sezdirmaslikka urinayotganday ohista ovozda. - Til dilning ishonchli tilmochi boʻlolmas.

Bahouddinning holi oʻzgardi, vujudi sel boʻlib, shayxga mayli yanada ziyoda boʻldi. (Hikoyamiz mobaynida holning oʻzgarishi haqida bir necha bor aytib oʻtdik. Endi angladik-ki, bunga izoh joiz. Boisi, xoslarning soʻzu maqomlarini biz kabi holdin benasiblar tushunolmasliklari mumkin. Tasavvufda hol degan ruhiy holat, yanada aniqrogʻi, kishining ilohiy fayzga, jazbaga qay darajadadir mayli anglanadi. Hol ahlida ilohiy fayz, tasavvufiy iste’dod avvaldan mavjud boʻladi va u pirning, karomatli voqealarning, tushlarning, alalxusus, siyrati xos ibodatlarning ta’sirida ortib yoxud aksincha, noqis nimarsalar bois kamayib boradi. Bu oddiy kishilar uchun tushunarsizdir va ahli hol valiy zotlarning nazari-yu soʻzidan hatto soniya sayin kamol topib borishi mumkin. Bunga «mazaxoʻrak» boʻlib qolgan talabgor solik, ya’ni tariqatdagi inson - murid ruhiy kamolotga eltuvchi har neki bor izlaguvchi, ulardan nasiba istaguvchiga aylanadi. Xullas, holning oʻzgarishi ruhning kamolotiga, Iloh ilmining rivoj topmogʻiga ishoratdir.)

Shayx qaytib unga biron soʻz aytmadi. Bahouddin uning mulozamatiga astoydil bel bogʻladi, nasiba ilinjida qoyim boʻldi.

Bu tun ham behalovat, biroq oʻzgacha fayz ogʻushida oʻtdi. Halil Ota unga ilk bora jahriy zikrdan ta’lim berdi:
— Qalb va tanglay arosinda bir robita oʻrnatgaysen, - dedi u mudom sokin soʻzlab. - Til uchini tanglay sari yoʻlla. Shuuring ozod, dilingda intizorlik boʻlsin.

Jamoat tiz choʻka davra qurdilar. Bahouddin ham ularga qoʻshildi. Muridlardan birovi shirali ovozda Qur’on tilovat qildi. Oxirida «Ixlos» surasini oʻn bora oʻqidi. Shundan soʻng navbatni shayx oldi:
— Alhamdulillah rabbil a’lamiyn, Ollohu Akbar, - deya boshini koʻksiga qadadi. - Olloh, Olloh, Olloh... - Endi u boshini koʻksiga urayotgandek harakat ila zikrga kirishdi. Muridlar ham unga ergashdilar. Barchalari baravariga «Olloh, Olloh, Olloh» derdilar. Ammo tillari tanglaylariga yopishganligi va joʻrlikda aytishayotganligi bois Yaratuvchining oliy ismi «Alloh, Alloh, Alloh» tarzida eshitilardi. (Jahriy zikr qoidasiga binoan bu kalom zikr avjida «Arra, arra, arra» ohangiga aylanishi lozim edi.)

Jamoat qurgan doira zikr ohangiga hamohang tobora torayib borar, ahli zikrning yelkalari bir-biriga borgan sari jipslashib, boshlari har safar koʻkraklaridan yuqoriga koʻtarilganida lab burishga chogʻlangan gʻuncha shakliga kirardi. Zikr yana va yana avjlanar, unga sari bukilgan tizlar beixtiyor doira markaziga intilaverardi. Bir muddat shu alpozda yelkalar jipsligida turilgach, ishorat ila tagʻin ortga qaytilar, zikr yana boshidan boshlanardi. (Jahriy zikr ba’zan, sharoitga qarab, tik turib ham ado etiladi.)

Bahouddin oshkora-jahriy zikrga ilk bor qoʻshilishi edi. U behud edi, lekin hozir, ya’ni jamoat ichra jahriy zikrga zoʻr berarkan, shuurida xayolan koʻrib turganlarini, oʻz ¬holini, ruhiy kechmishini idrok etishga urinardi. Bu xato edi, ibodatning oliy maqomida turib, oʻzga nimarsalarni xayol qilish solik uchun parishonlik balosiga giriftorlik ila barobar edi. Shunda ham xayolga berilishi oʻzi koʻnikkan xufiya zikrdan farqli oʻlaroq zikri jahriyaning mohiyatiini, aniqrogʻi, uning ta’sirini anglashga sa’y etmogʻi tufayli edi. Olloh kalimasini ovoz chiqarib, boshini koʻksiga urib takror va takror aytarkan, shuurida kechgan lahzalik evrilish bois koʻnglida tugʻilgan ishtiboh, balki sinovchan mushohada shaytoniy ekanligini payqadi. Payqadi-yu, ulugʻ xavfga yovuq turganligini his etib, vujudi bir siltandi, yuragi shuvillab ketdi. Zero u avliyolar koʻngil aygʻoqchilari ekanligini, ular qoshida qalbni minba’d toʻgʻri tutmoqlik lozimligini yaxshi bilardi. A’losi esa, botinni valiy botiniga toʻgʻrilamoq edi. Avliyolar qalbi misoli koʻzgukim, agar istasa, unda oʻz aksini koʻra olishi mumkin. Ustiga ustak, zikrda parishonlik fayzdan bebahra etadi.
— Olloh! Olloh! Olloh!..

U zikrda avjlandi. Avjlanarkan, oʻzidan mosuvo boʻlib, kimningdir yoxud neningdir ta’sirida holi oʻzgarayotganligini his etdi. Holi oʻziga xush yoqib, fayzga gʻarq boʻldi. Holi istigʻroq (olamdan ajralish) sari ogʻdi. Jamoatning zikriy sasi asta-sekin uygʻunlashib, bir maromga - qandaydir tanish guvillashga aylandi. Koʻp oʻtmay guvillash tezob oqayotgan daryoning shovullashiga evrildi. U osmoni falakda uchardi, daryo mavji qulogʻiga urilgach, ohista zaminga qaytib, misoli kapalak yengilligida chindan-da zohir boʻlgan daryo sohiliga qoʻndi. Ha-ha, qoʻndi. Biroq oyoqlari yerni sezmagandek tuyuldi. Shu mahal nariroqda oppoq libosli bir toʻp kishilar koʻrindilar. Ularning soqollari ham oppoq, yuzlari bagʻoyat nurli edi. Yo farishta va yoki valiyulloh qavmidan boʻlmish ul zotlar liboslari kabutar qanotiday yel urib, uni doiraga oldilar-da, oʻltirdilar. Endi daryoning shovullashi yana jahriy zikr ohanglariga evrilib, olamni tutdi. Atrofidagi odamlarning na lablari va na biron a’zosi qimir etmasdi-yu, borliqqa zikr taralardi. Ularning har biri bittadan kosa tutgandilar. Birin-ketin daryoga engashib kosalarni suvga toʻlatdilar. Kosalarni navbati bilan unga tutaverdilar. U esa har bir kosaga lab bosib, bir xoʻplamdan icharkan, doirani qayta-qayta aylanaverdi. Lekin tashnaligi sira qonmasdi. Suv ichgani sayin daryoning shovullashi tobora-tobora kuchayib, olamni shovqinga beladi. Uning qulogʻi qomatga kelib, endigina Qiyomatning vahshatini tuyganda, birdan olam sukut ichra qoldi. Asta koʻzini ochdi. Vujudi jiqqa terga botibdi, yuragi qinidan chiqquday urar, boʻgʻzida esa bir otash paydo boʻlib, nafas olarkan, xirillardi. Ahli zikr ham shundayin alpozda, lekin har bir muridning botini goho oʻziga, asosan pirga ayon edi.

Zikr intiholandi. Endi barcha oʻz holi - maqomi darajasida zikrdan topgan fayz yetovida mushohadaga choʻmdi. Faqat pirgina uygʻoq, - koʻngil koʻzi ila har bir muridning qalb oynasiga bir-bir nazar tashlaydi. Nihoyat, uning botiniy nazari Bahouddinning qalbida toʻxtadi. Undagi fayz va jazaba shashtidan vujudi titradi. Uning holi buyuk kelajagidan bashorat berardi.

Birozdan soʻng shayx Bahovuddinni qoʻshni xonaga oldi.

Bahovuddin boshini quyi solib oʻltirar, shayx esa unga zimdan nazar tashlardi. Odatda bu hol avom oʻrtasida boʻlsa, noqulaylik tugʻdirishi, ikki odam oʻzini oʻngʻaysiz his etishi mumkin. Ammo hozir bu ikki inson - shayx va murid anchayin choʻzilayotgan ogʻir sukunatni ham sezmadilar: pir muridning koʻngli ila band esa, murid haligina roʻy bergan kechmishidan mudom sarxush edi.

Nihoyat shayx tilga kirib, muridining iste’dodu qurbini payqab tursa-da, soʻzini ibtidodan (balki asosdan) boshladi:
— Biz izlaguvchimiz, ey farzand. Izlaguvchi musulmonlikni qattiq tutmogʻi lozim. Musulmonlik esa bu - iloji boricha hukmlarga boʻysunish, taqvoga rioya qilish, amalni bajarishga intilish, yanaki bekorlikdan uzoq boʻlmoqlikdir. Illo bularning bari nuri safo, rahmat hamda valoyat darajasiga yetishish vositasidir. Avliyolarning aziz manzili va maqomlariga mana shu sifat parvarishi orqali yetiladi. - Shayx turkiy lahjada kesib-kesib soʻzlar, biroq ovozida oʻktamlik va donishmandlik zohir edi. - Ba’zilar amal unchalik muhim emas, asosiysi, Iloh mujdasi va sidqidil xizmat, deb hisoblaydilar. Bu xatokorligʻdin oʻzga nimarsa ermas. Amal bagʻoyat muhim. Shuningdek, pir xizmatida sobit boʻlmoqlik tahsinga loyiq. Agar pirdin nazar topilsa, maqomga musharraflik haq, lekin quruq xizmat - mehnat bilan maqomga erishmoqlik dushvor. Mehnat faqat va faqat savobga, ajrga dohil. - Shayx tobora mushohada va fikr ummoniga gʻarq boʻlib borar, yanada fayziyob soʻzlardi. - Kishi oʻz nafsiga tuhmat etishi kerak. Kimki Haq subhonahu in

Ahli irshod, ya’ni pirlar esa sayyod (ovchi) kabidurlarki, vahshiy jonivorni noziklik ila qoʻlga oladilar. Andogʻki, tolibni vahshiylik sifatidan odamlik maqomiga yetkazadilar. Irshod egalari hikmat kabi chiroyli tadbir qoʻllab, sohib tabiat tolib bilan shunday muomala qiladilarki, oxiri uni boʻyinsundiradilar va sunnatga tobelik yoʻliga kirgizadilar hamda visol maqomiga olib chiqadilar. Paygʻambarlar va valiyulloh ana shunday ahli tadbir, hikmat sohibi boʻladilar. Ularning har kim bilan qilgan muomalasi oʻsha odamning qobiliyati darajasiga mos boʻladi. Agar tolib boshlovchilardan esa, uning yukini teng koʻtarishadilar. Tolibda bu yoʻlning qobiliyati paydo boʻlguncha unga juda koʻp oʻrgatish va tushuntirish lozim.

Bizning soʻzimiz chin - sen undaylardan emassen. Sening manziling yuksakda. Aslida sening bizga muhtojliging yoʻq. Biroq Ilohdan boʻlgan avvalgi mujda haq, ya’niki bizga yoʻliquving Haqdan. Demak, bizda nasibang bor. Istasang, bizda ne boʻlsa, hammasini olasen, sendan mehru nazarimizni darigʻ tutmagaymiz. Omin! - Shayx yuziga fotiha tortdi - bu bilan gap tamom, demoqchi boʻldi.

Bahovuddin mudom sarxush edi. Shayxning ovozi-yu soʻzlari sarxushlik ichra qulogʻiga ham, qalbiga ham xush yoqardi. U bu soʻzlarning tugamasligini istardi. Lekin shayxning «omin»idan sergak tortdi: demak, xonani tark etishi kerak. Pirning xohish-istagini tez anglash uning qalbiga qalbini toʻgʻrilay olgan muridda oson kechadi.

4

Shayx Halil hukmdorlar naslidan edi. Yassaviy shayxlarning nazaru tarbiyati barakotidan va parhezkorligʻi bois fayzu maqom topgandi. Ollohning inoyatu marhamati cheksiz - koʻp oʻtmay unga Movarounnahr podshohligi nasib

Bahouddin bir kecha zikr oʻrtasida – uyqu va uygoqlik orasidagi lahzalarda tush koʻrdi. Tushida Sulton Halil Bahouddinni jallodlik qilishga buyuribdi. Uni «aqroni sulton», deya atay boshlabdilar. Alhol sulton bir bechorani oʻlimga hukm etibdi. Aqroni sulton mahkumning boshini kundaga qoʻyibdi. Salovot yuborgandan soʻngra uning boʻyni sari qilich sermabdi. Biroq shamshir qattiq bir yogʻochga tekkanday, boʻyniga oʻtmabdi. Ikkinchi, uchinchi marta ursa ham shu hol takrorlanaveribdi. Shunda Bahouddinning koʻzi mahkumning qimirlayotgan lablariga tushibdi - u nimalarnidir pichirlarmish. Bahouddin hayratini yashirolmay soʻrabdi:
— Jonimiz qudrat qoʻlida boʻlgan Xudoning izzati haqqi, ayt, ne duo oʻqirsanki, shamshir ta’sir qilmaydur?

Mahkum javob qilibdi:
— Men hech narsa oʻqiyotganim yoʻq. Ammo hozir pirimni shafe’ keltirdim xolos.
— Piring kimdur?
— Sayyid Amir Kulol.

Mahkumning soʻzini eshitgach, uygonib ketibdi. Shu asno muridni shamshirdan asray oladigan kishi doʻzax olovidan ham saqlay bilishiga ishondi. Shitob qoʻzgolib, pir sari oshiqdi...

5

Mana, Shayx Amir Kulol tiz choʻkib oʻltirgan Bahouddinning egik boshiga boqarkan jilmaydi.
— Seni farzand tutmoqni bizga Hazrati Bobo vasiyat qilgan edi. Sen safarda eding, biz uygʻonishni - intibohni kutdik. Intiboh keldi, sen bizni topding. Inshoolloh, Hazrati Boboning vasiyati ijobat boʻldi.

U ochiqroq jilmaydi:
— Xudoning mardlari Xudo emaslar, lekin Xudodan ham judo emaslar, - dedi muridining holidan zavqlanib.

6

Hazrati Xoja ot ustida borarkan, ohista Alouddin Attorga oʻgrildi. Nazariga intizor turgan suyukli muridining taraddudini toʻsib, Muzdoxun mozoriga ishora qila, dedi:
— Biz intiboh topajak ma’vo... - Soʻng yana sokin tin oldi.

Xotima

Oromsiz kunu tunlarda ishtiboh ichra kezmoq bor - bu holning avvalidir. Ishtibohli tunlar uni ham intibohga eltdi.

12.06.07-27.09.11.