OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nabi Jaloliddin. Majnun (qissa)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiMajnun (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm43KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 4-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Majnun (qissa)
Nabi Jaloliddin

– Mashi skalad, Servisboy, – dedi doʻkonchi qingʻir-qiyshiq taxtalardan qilingan beoʻxshov eshikni gʻiyqillatib ochib, ichkari kirarkan. – Anovi lash-lushlarni bir tomonga taxlab, tagini tozalab berasiz. Xizmat haqi naqd – uch ming.

Servisboy hech narsa demadi. Parishon koʻzlarini gʻalati pirpiratib qoʻydi-da, ishga kirishdi.

Pastqam qir ostiga joylashgan doʻkon avvallari devonaning xurjuniday ikki boʻlak boʻlib ikki tomonga yonboshlab yotar, devorlari bolalar loy otib oʻynaganday serqashqa edi. Doʻkonchi yigit xususiylashtirib olgach, koʻp oʻtmay, ikki xonali doʻkonni birlashtirib, kengaytirdi. Devoru tomlarini yangiladi, u yoq-bu yogʻiga rang-tus berdi, orqasiga eski-tuski yogʻochu taxtalardan ombor qurdi. Keyinroq somsa yopadigan tandir oʻrnatib, bir bekorchini ishli qildi. Tandirning yonboshiga gulli kapa tikib, ikkita odmiroq stol, besh-oʻnta qoʻlbola stul qoʻydi. Ana shundan soʻng bu yer qishloqning eng gavjum joyiga aylandi. Guzardagi oldi ayvonli pastak choyxona, unga tutash sartaroshxona-yu novvoyxona esa katta amaldorning qabulxonasida navbat kutib oʻtirgan avomga oʻxshab qoldi. Doʻkon peshtoqidagi katta rangli yozuv unga, ayniqsa, viqor bagʻishlaganday. Endi ikki tomonga suyri ketgan shagʻal aralash tuproqli yoʻl, negadir guzarning narirogʻidan boshlangan qishloq uylar zabunroq, aftodaholroq koʻrinadi. Doʻkon yonboshiga qoʻyilgan ikki biqinida qizgʻish yoʻl-yoʻli bor qaymoqrang «Damas» misoli katta amaldorning hukmdorlik tamgʻa-nishonidek.

Ayni damda somsaxonada hech kim yoʻq. Somsapaz gʻoʻzapoyani qism-qism sindirib, tandirga tiqar, tepaga urilgan alangadan va tutundan qochib koʻzlarini qisgan koʻyi, tez-tez boshini orqaga tashlab qoʻyadi. Qoramtir tutun esa oʻchakishganday uning boshi qayoqqa qayrilsa, oʻsha tomonga oʻrlaydi. Lekin somsapaz bunga parvo qilmaslikka urinadi, chunki soat oʻn bir boʻlmayoq tushlikka keladigan «klient»lari bor, shuning uchun tandirni tezroq oqartirib (qizdirib), somsani yopishi kerak.

Servisboy avval quti-yu yashiklarni, qoʻyingki, neki boʻlsa, omborning bir tarafiga oldi. Ulardan boʻshagan qum aralash tuproqli qoramtir zax yerni beshilik bilan tatalab axlatdan tozaladi, tekisladi. Ombor qir ostida – quyoshdan panadaligi uchun ancha salqin, yerning zaxi badanga baralla urilib, suyaklarni zirqiratguday boʻlardi. Bahor emasmi, qishning borki zahri chor atrofdan qochib, shu yerga qamalib olganday. Zax tuproq taxta devorning yoriqlaridan moʻralab, goʻyo titray-titray oftobni axtaradi.

Koʻp oʻtmay tuzukkina ishlayotganligiga qaramay, Servisboyning eti junjikib, burni suyuldi. Biroq ishni shoshilmay, puxta qilib oʻrganganidan tashqariga chiqib, oftobda isinib olishni ham istamadi. U endi haligi narsalarni tozalagan tarafiga olib, taxladi. Soʻngra un va guruch toʻla qoplar qalashib yotgan taxta soʻrini tartibga keltirdi, yon-verini supurib-sidirdi...

Servisboy ayni damda hech narsani oʻylamasdi, shuuri tungi koinotdek huvillardi. Ishni esa qoʻllari beixtiyor bajarardi. Egnidagi ohorsiz kastim-shimi-yu koʻylagi shalvirab turgani va boshidagi beoʻxshov shapkasi bois qaddi-basti koʻrimsizday tuyular, biroq tuzukroq sarasof solgan kishi kelishgan qomatini payqashi mumkin. Buning ustiga, u boya doʻkonchi tap tortmay aytgan, eshitgan quloqqa gʻalati tuyulgan laqabidan gʻashlanmas, norozi ham boʻlmasdi. Servisboy deyishlari sababini oʻzi bilmas, ehtimol qachonlardir bilgandiru, endi unutib yuborgandir. Xuddiki otasi qoʻygan chiroylidan-chiroyli Shunqorbek ismini unutganday.

Otasi rahmatli ovchi edi, qiru togʻlarni kezib, turfa jonzotlarni ovlardi. Bir necha kunlab yoʻq boʻlib ketar, olis-olis togʻlarning eng baland choʻqqilarigacha chiqardi. Choʻqqilar hukmdori shunqor atalmish qushga ishqi tushgan yillari ikki qizdan keyin oʻgʻil koʻrdi. Oʻgʻlining tolei baland boʻlmogʻini orzulab, Shunqor deya ism qoʻydi.

Servisboy ishni tugallab, tashqariga chiqqanida tip-tiniq osmonda charaqlayotgan quyosh nurlari koʻzga sanchilar, xush boʻyli bahoriy sabo yelardi. U doʻkonchiga yoʻliqish niyatida doʻkonning oldiga oʻtdi. Somsaxonada yuzi qirmochi chalaroq qirilgan qozonday Shodi traktorchi bilan shalpang quloq Soyib suvoqchi oʻtirishardi. Bu ikkovi tengqur – bir sinfda oʻqigan, maktabda oʻqib yurgan paytlari boʻylari choʻzilib, qizlarga qaray boshlashganida Soyib kichikroq yelpigʻichday quloqlarini nima qilishini bilmay, Shodiga noligandi. U boʻlsa, hazillashibmi yoki farosati yetgani shumidi, quloqlarini orqaga qaytarib yelimlab olishini maslahat bergandi. Soyib ertasiga yelimlangan quloqlarini oshnasiga koʻz-koʻzlab, «qoyil qipmanmi», deganday mamnun tirjaygandi. Avvaliga Soyibning laqabi «Lokatr» edi, shu-shu uning yoniga «Kley» ham qoʻshildi. Eslashsa, hali-hali kulishadi. Ayniqsa, tos bet (yuzi ketiga oʻxshagan) Shodiga koʻpchilikning ichida Xudo beradi – dod devormaguncha qoʻymay masxaralaydi.

Servisboyni koʻriboq Shodi traktorchi ogʻzining ishtonbogʻi qochib, hiringlashga tushdi:
– Ie, Servisboy, shu yerdamidiyiz? Aytuvdim-a ajinatutning hidi kelyapti, deb.

Servisboy unga ma’nosiz bir qarab qoʻydi-yu indamadi, gapini eshitmaganday turaverdi.

Shu payt doʻkondan bir shisha aroq koʻtarib doʻkonchi chiqib qoldi.
– E-e, tugatdiyizmi, Servisboy? – dedi u qoʻlidagini Shodining oldiga qoʻyarkan. – Hozir siz minan hisob-kitob qilamiz... Hov, bularga ikkita piyola ber.

Doʻkonchi choʻntagidan bir dasta besh yuztalik chiqarib, uch ming soʻm ajratdi-da, Servisboyga uzatdi.
– Mehnatingizga rozi boʻling-a. Mana, xizmat haqingiz.

Servisboy pulni olib, darrov kastimining ichki choʻntagiga soldi.
– Endi bir yoʻla tushlik qip keta qoling, doʻsim, – dedi doʻkonchi uni erkalatganday. – Ikkita somsayam bizdan.
– Ha-ha, biyaqqa keling, Servisboy, – tagʻin hiringladi Shodi hangomatalablik bilan. – Bir pas gaplashaylik endi, munday.

Servisboyning qorni ochgandi, buning ustiga, eti mudom junjikardi, shuning uchun indamay borib Soyib kleyning soʻl yoniga oʻtirdi.
– Hov, – deya somsapazni chaqirdi Shodi boʻynini choʻzib. – Senlardayam chiroq oʻchyaptimi? Bizda ja oshirvoryapti-da.

Somsapaz qir ortidagi mahallada yashardi.
– Har kuni oʻchadi, aka, – deb qoʻydi u tandirning choʻgʻini kovlab.
– Kechqurun bir bemalolroq televizoram koʻrolmaysan, – gʻudrandi Shodi oʻziga oʻzi gapirganday.
– Laqabniyam zap topgansan-da, bunga, – dedi Soyib shipshiganday, boshi bilan Servisboy tomonga imlab. – Asl otini boshqalar tugul oʻziyam unutvorgandir.
– Buni jin chalib ketgandan keyin qoʻyganman-da bu laqabni. – Shodi aroqni ochib, uchta piyolaga yarimtalab quydi. Birining tepasiga kaftini bosib changalladi-da, Servisboyning oldiga doʻqillatib qoʻydi. – Qani, mulla Servis, olingchi! – Soʻng Soyibni ham piyolani olishga undab, masxarasini davom ettirdi. – Servis-da, Servis, ancha-muncha ishning kindigini sugʻirvoladi.
– Unga ichirmaganing tuzukdir, Shodi, – dedi Soyib piyolani qoʻliga olarkan. – Tagʻin...
– Araqni mashi ichsinda. – Shodi qoʻlidagini sipqorib, yuzini tirishtirdi, gazak axtarib, u yoq-bu yoqqa alangladi. Lekin oldida ogʻizga solgulik hech narsa yoʻq edi. Ilojsiz, ogʻzidan keskin havo chiqarib, kafti bilan lablarini artdi. – Birinchisi zoʻr ketadi-da... Buni endi jinam urmaydi, urib boʻgan, – dedi keyin Servisboyni koʻrsatib.

Soyib ham oq urdi.
– Tavba desangchi-ey, – ogʻzini qoʻli bilan yelpidi suvoqchi. – Bema’ni gapni ja-a koʻp gapirasan-da, omma.

Servisboy ularning gap-soʻzlarini eshitmayotganday edi. Piyoladagini tishlari orasidan sizib ichdi, yuzida biron oʻzgarish sezilmadi. Koʻzlarini bir nuqtaga tikib, burnidan nafas olgancha goh-goh tamshanib oʻtiraverdi.
– Ana koʻrdingmi, Kley? – deb qoʻydi Shodi koʻzi bilan yana Servisboy tomon imlab.

Shodi traktorchining yoshi katta boʻlsayam oʻsmirlik chogʻlarida Shunqordan hayiqardi. Shunqorning erta boʻrtib chiqqan yelka va koʻkrak poylari, ayniqsa, burgutniki singari qattiq tikilguvchi koʻzlari ancha-muncha odamning yuragiga gʻuluv solishga qodir edi. Shungami, Shodi uni yoqtirmasdi, roʻpara kelsa beixtiyor yuragi shigʻillardi. Qoʻrqqan odamning nafrati, hasadi yomon boʻladi, deyishardi, rost ekan. Shodining tengqurlaridan birovi uylanganida Shunqor u bilan poyandoz talashib qoldi. Taomilga koʻra toʻy avjida davra oʻrtasiga poyandoz solinib, undan kuyov bolani oʻtkazilardi. Keyin yigitlar poyandozni talasha ketishardi. Oʻshanda endigina maktabni tamomlagan Shunqor qayoqdandir paydo boʻldi-yu, traktorning temir-tersaklarini irgʻitib oʻynaydigan norgʻul Shodiga raqib tushdi. Shodining kayfi bor edi, qoni qizib, kuch degani bilaklarini yorib yuboray derdi. Ikkovlon barqut poyandozni kaftlariga oʻrab oldilaru, har tomon torta boshladilar. Chor taraf baqir-chaqirga toʻldi, shirakayf yigitlar ularni doiraga oldilar. «Ha, boʻl!», «Boʻsh kelma!», «To-ortt!» kabi qiyqiriqlar quloqlarni batangga keltirdi. Unga sari raqiblar, ayniqsa, Shodi avjga minar, goh u tomonga, goh bu tomonga tortishib, odamlarni ham turtkilab tashlashar, ba’zan esa stollarga borib urilib, dasturxon ustidagi narsalarni agʻdarib yuborguday boʻlishardi. Atrofdagi qiz-juvonlarning nigohlari ularning orini battarroq qoʻzgʻab, yanada shasht berardi. Ikkisi jiqqa terga botdi hamki, na unisi kattaman, yoki na bunisi kichikman, deb tortqilashdan toʻxtamasdi. Nihoyat davradagilarning hafsalasi pir boʻlib, zerika boshladilar. «Boʻldi-da, endi!» degan insofga chaqiruvlar eshitildi. Ammo raqiblar holdan toyib qolgan boʻlsalar ham bir-birlariga yon beray demasdilar. Shu payt oʻrtaga katta yoshli bir odam kirib keldi-da, yonidan pichogʻini chiqarib, bir qoʻlida Shodining yelkasidan tutib, toʻxtatdi.
– Qani, tek turlaring-chi, – deya poyandozni ikki musht orasidagi joyidan qirqib tashladi. – Ana, ikkovinggayam teng boʻlsin. Ammo toʻyni buzsalaring, quloqlaringniyam kesvolaman, – deb tegishib ham qoʻydi.

Biroq poyandoz teng boʻlinmagan edi. Shunqor bilagiga koʻprogʻini oʻrab olgan ekanmi, Shodining qoʻlida shapaloqday qismi qoldi. Bu miyasini aroq gʻajiyotgan Shodining orini qoʻzgʻadi. Lekin tiliga joʻyali gap kelmadi.
– Sen oʻzingni tengqurlariyni toʻyida poyandoz tortishgin, boʻptimi? – deya oldi arang.

Shunqor esa jilmaydi-da, qoʻlidagini uning yelkasiga tashladi.
– Buyogʻiyam sizga, aka, uzr, – dedi-yu davradan chiqib ketdi.

Raqibi battar tutoqqancha qolaverdi.

Shodi Servisboyning piyolasiga yana aroq quydi.
– Jup (juft) boʻsin endi, – deb qoʻydi sherigiga koʻz qisib.

Soyib ikkovi piyolalarni choʻqishtirib, aroqni sipqordilar, «kuh-kuh»lab, ham ogʻzidagi taxir kuydirgidan xalos boʻlishga urindilar, ham bir yoʻla issiq somsalarning «qornini» yorib sovutdilar.
– Traktoring qayda? – dedi Soyib uning bemalol aroq simirayotganidan oʻzicha ma’no chiqarib.
– Ofisda.

Soyib tirjaydi.
– Qanaqa ofis-ey, shiypon, degin. – Soʻng Servisboyga bir qarab qoʻyib, soʻradi:
– Ichsang fermer indamaydimi?
– Bildirmayman-da. – Shodi Servisboyning boyagidek aroq simirishini tomosha qildi.

Shu payt yoʻlda chap qoʻlida uch-toʻrt yoshli qizchasini yetaklab, oʻng qoʻliga ketmon tashlagan yoshgina juvon koʻrindi. U durkun edi. Egnidagi gulli odmi koʻylagi, yengsiz pushti jemperi, boshidagi koʻrimsiz roʻmolu oyogʻidagi oqshaygan kalishi ham uning yoqimtoyligiga soya sololmagandi. Shirakayf Shodining koʻziga olov toʻldi:
– Yomon chanqaganda oʻziyam, – dedi juvonga yutoqib tikilarkan.

Soyib ham oʻsha yoqqa oʻgirildi.
– Qurbondi bollari-ku (xotini-ku), – deya Shodiga malomatli qaradi. – Ja koʻzing beparda-da, omma.
– Qurboning Rossiyada yuribdi. Bu bechoraning aybi nima, Kley? Ayni «eydigan» payti, hademay soʻliydi-qoladi. – Shodi oʻtli koʻzlarini juvondan uzmasdi. – Bu Servis bekorga jinni boʻmagan-da.
– Boʻldi endi, – Soyib juvon tomonga qaytib qaramadi. – Agar bizga oʻxshab odamlardi uyida ishlaydigan boʻlsang kaltak yeb oʻlib ketarkansan-da. Ustamiz pata (fatvo) beryotib, birovning uyida koʻzing oʻynamasin, deb oʻrgatgan. Ustani xor qiladigan narsa, birovning xonadonida koʻzining olma terishi derdi...
– Bor-ey, nasihatiyni ammangga qil, – jerkidi Shodi. – Xudo bulardi nimaga yaratgan oʻzi?..

Servisboy yoqimli sarxushlik ogʻushiga singib borardi. Aroq ta’sirida vujudi qizib, boshi huzurbaxsh jimirlar, miyasida shirin xayollar, allanechuk ma’nolar berguvchi oʻylar aylana boshlagandi. U xiyla sovib qolgan ikkinchi somsani yamlarkan, nigohi bir nuqtaga qadalgancha goho bilinar-bilinmas jilmayib qoʻyardi. Ayni damda hech narsani koʻrishni ham, qoʻyingki, hech yoqqa qarashni ham istamas, shu holi, nigohi qadalgan, ammo koʻrmayotgan nuqta, aniqrogʻi, xayollaridan oʻzga mavjud yoʻqlik unga juda-juda xush yoqardi. Shu payt koʻz qiriga tanish sharpa urildi. Avvaliga nigohi qadalgan narsa gulli kapaning egri temiri ekanligini angladi, soʻng koʻz soqqalarini yoʻl tomon burdi. Oʻtib borayotgan juvonni tanidi-yu, boshi oʻsha yoqqa qayrildi. Yuragi qattiq shigʻillab ketdi, keyin tez-tez ura boshladi. Nigohi endi orqa tarafidan koʻrinayotgan juvonga qadaldi, jagʻi taqqa toʻxtab, yemishi ogʻzida qoldi, kipriklarining osti qizib, qorachoʻgʻlariga yaltiroq parda tushganday tuyuldi. Tanasining yelkasidan pastki qismi quyiga oqaverdi. Nihoyat beixtiyor «gʻilq» etib yutindi, yemishi tomogʻidan oʻtib ketgach, ogʻzi boʻshab, tili aylanishga imkonli boʻldi. Yuragidagi gʻalayon bois kuchlanayotgan oh oʻzini boʻgʻzi tomon urdi:
– Boychechak!.. – deb yubordi u oʻrtanib.
– I, koʻrib qoldi-yu! – dedi unga yalt etib qaragan Shodi xoʻrillatib choy xoʻplarkan.

Soyib ham unga hayrat-la boqdi.
– Servis... Shunqorbek, sizga nima boʻldi? – Keyin Shodiga norizo qiyofada mingʻirladi: – Bekor ichirding-da, oshna.

Servisboy yogʻli qoʻllarini bir-biriga ishqalab, artgan boʻldi. Yarimta somsa-yu piyoladagi choy oʻz oʻrnida qoldi. Na fotiha qildi. Indamay oʻrnidan turib, yoʻl tomon oʻtarkan, bir-ikki gandiraklab ketdi.
– Ha, Servisboy, qorin toʻydimi ishqilib? – dedi doʻkon eshigi kesakisiga suyanib turgan doʻkonchi, xayr-ma’zur ma’nosida.

Servisboy unga qayrilib ham qoʻymadi. Toshli yoʻlga chiqib olgach, sholi oʻtayotgan odamning yurishi bilan juvonning ortidan tushdi.
– Uning qorni toʻymadiyov, – doʻkonchining gapiga javob ohangida dedi Shodi. – Jonidan toʻydi, chamasi.
– Ja bema’ni gapni koʻp gapirasan-da, – Soyib unga odatdagiday tanbeh bergan boʻldi...

Shunqor Boychechakni maktab davridanoq yaxshi koʻrardi. Bir-ikki xat yozgani ham rost, qiz javob qaytarmasa-da, ma’noli boqishlari bilan umidlantirar, goho mayl bildirganday boʻlardi. Toʻy-toʻrkinu Navroʻz sayllarida bittadan oʻrtoqlari yetovida yonma-yon qadam tashlab, shivir-shivir, visir-visirlar ila goʻyo uchrashuvlarga ham chiqqanlar... Nihoyat oʻn birinchini bitirishlari arafasida – bahorning avvalida qishloqning kallasiday koʻringuvchi qirning eng yuqori toʻshida ilk bor yelkalarini yelkalariga tirab, ahdu paymon qilishdi. Ayni boychechak ochilgan payt edi. Shunqorning barmoqlari orasida ham boychechak.
– Mana, sen, – dedi u qoʻlidagi koʻkish chechakka ishora qilib.
– Men, mana, – deya mayin qiqirladi qiz barmogʻi ila oʻzini koʻrsatib. – Shoʻrlik boychechakning umriga zomin boʻldingiz. Shoshildingiz.
– Men uni sevib uzdim, – yigit oʻz qilmishini xaspoʻshlamoqchi boʻldi.
– Sevsalar uzmaslar!

Shunqor qizning soʻzamolligidan hayronu lol – axir u uyatchan, kamgap edi-ku.
– Nega dadang ismingni Boychechak qoʻygan-a?
– Oʻzi gulu chechak, keyin boy boʻlsin, deb-da, – erkalandi qiz.
– Boychechagim boylandi,

Koʻnglim unga boylandi, – bu satrlar tiliga qayoqdan kelganini bilmay qoldi. Balki ishq shoir qildimi? Keyin esa zorlandi:
– Aldamaysan-a, Boychechak?! – dedi barmoqlari orasidagi chechakka boqib.
– Bu-chi, bu? – deya koʻrsatkich barmogʻi ila yigitning yelkasiga nuqidi qiz. – Aldamaydimi?
– Yoʻq, hech qachon! – Yigit uning bilagidan tutmoqchi boʻldi.

Boychechak shaxt oʻrnidan turib qocha ketdi.
– Tutolmaysiz, tutolmaysiz!..
– Boychechak!..

Shunqor oʻqishga kirolmagach, oʻsha yili kuzda harbiyga ketdi. Unda harbiy xizmat bir yarim yil boʻlardi. Oradan bir yarim yil oʻtib, qirlarning koʻksi alvon tusga kirganda, uning ham koʻksi ishqdan alvon-alvon boʻlib, ishq osmoni momagulduraklarga toʻlib, uyiga qaytdi. Qaytdi-yu Boychechakni soʻroqladi. Biroq endi qirlarda bironta boychechak yoʻq, chor-atrof lola-yu qizgʻaldoqqa toʻla edi. Uning Boychechagi esa Qurbonning bagʻrida ungandi.

Shunqor talvasa ogʻushida Qurbonnikiga chopdi. Bu orada oqshom tushgandi. Yopiq darvozani urdi, tepdi, qizning ismini aytib baqirdi, dod soldi. Qurbonni soʻkdi. Lekin nima qilayotganini oʻzi bilmasdi. Axiyri Qurbon chiqib keldi. Chiqishi hamono Shunqor uning boʻgʻziga yopishdi.
– Nima qilding?! Nima qip qoʻyding, Boychechak?! – deya chinqirardi u Qurbonni boʻgʻvolib, siltarkan.

Qurbon oʻzini oʻnglolmasdi. Agar Boychechak chiqib, Shunqorning bilagidan ohista tutib, boʻgʻzini boʻshatmaganida va Shunqor karaxtlanib, tiz choʻkib qolmaganida, biron kor-hol boʻlishi tayin edi. Boychechak erini tiklab, u yoq-buyogʻini qoqdi-da, darvozaga boshladi. Ichkariga kirib borarkan, Shunqorga oʻgirildi. Koʻzlari ilk yulduzlar shu’lasida yiltirab ketdi.
– Keting!.. – dedi soʻngra. Bu soʻz nafratga toʻla edi.

Ular kirib ketgach ham Shunqor tiz choʻkkan koʻyi tuproqqa qorishib ancha oʻtirdi. Quloqlari ostida «Keting!» degan soʻz qayta-qayta jaranglayverdi. Bir zamon oʻrnidan qoʻpdi. Dam u yoqqa, dam bu yoqqa qayrilib, bir pas turdi. Birdan shaxt osmonga boqdi-da, «Boychecha-ak!» deya hayqirdi, soʻng duch kelgan tomonga chopdi. Koʻp oʻtmay, mahalla koʻchasi tugab, qir sari oʻrlab borardi. Allaqachon hansirab qolgan, boʻgʻriqar, yigʻlar, tishlari orasidan «Boychechak», deya chinqirardi. Mana, ilk qir tepasiga ham chiqib oldi. Endi qir ortidan pastga shoʻngʻidi.

Qirning biqinida tor soʻqmoq boʻlib, uning eni ikki qadamcha kelar, bir yonining ancha qismi pichoqda kesilgandek tik jarlik edi. Soʻqmoqning belida qirga yelkasini tutgan tanasi gʻadir-budir, yoshiga nisbatan xiyla mechal qari tut bor. Soʻqmoq uning yonidan biroz kengayib oʻtadi. Qirning tut yelkasiga tutash joyidan koʻz yoshiday buloq sizib turadi. Goʻyo Xudoyim shoʻrlikning pajmurda, buning ustiga, yolgʻiz holiga achinib, qirni boʻzlatib qoʻygandek. Boʻlmasa tut allaqachon qurib qolishi kerak edi. Uni odamlar ajinatut deb atardi. Bu koʻpchilikning yuragiga vahima solar, uning bagʻridagi bir bosh bemalol siqqulik qop-qora kovak esa vahmni ikki hissa oshirardi. Xuddi tutga nom boʻlgan ajina shu kovakda yashaydigandek. Tut ikki odam boʻyi kelar, kallaklanmaganligi bois shoxu butasi moʻl, quyuq barg yozganidan, qirning tunga qorishiq zimistonida battar qorayib, yana-da vahimali koʻrinadi.

Quyiga chopish yuqoriga yugurishdan mushkulroq. Chunki yuqoriga koʻtarilayotgan odamning fikri-oʻyi tezroq tepaga chiqib olish boʻladi va borki maqsadini tizzalariga jamlaydi. Tepaga chiqib olsa bas, mazza qilib choʻzilib yotishi, charchoqlarini chiqarib olishi mumkin. Tepaning tepaligi ham shunda-da...

Ha, pastga chopish mushkulroq, xavfliroq. Birinchidan, oʻzingni toʻxtatib qolishing qiyin. Keyin, ista-istama, baribir oʻshal chohga – qa’rga tushasan. Hatto dumalab ketishing ham hech gap emas. Eng yomoni, qulagudek boʻlsang, shunaqayam gupillab tushasanki, boshing qayda, oyogʻing qayda ajratib ololmaysan.

Shunqor pastga tomon oʻzidan mosuvo choparkan, muvozanatini ham yoʻqotgandi. Har qadamida oyoq kaftlari yerga qattiq urilar, u beixtiyor oʻzini toʻxtatib qolguvchi ma’voga intilardi. Va nihoyat koʻtarilgan oʻng oyogʻi doimgidek yerga yetishi muqarrar boʻlgan joyda bir zum muallaq qoldi-da, qoʻnalgʻasini topolmay, pastlab boraverdi. Uning ortidan butun tanasi ergashdi. Bir on his qildiki – ostida yer yoʻq edi goʻyo. U gursillab tut ostiga tushdi. Hammayogʻiga chilp-chilp loy ilashdi, tanasiga nam urdi, Lekin biron joyi ogʻrimadi, balki sezmadimi. Shartta tutni changalladi-da, paypaslab, kovagini qidirdi. Topdi. Ikki kafti bilan kovakning ikki labidan tutdi. Oʻylab oʻtirmay boshini shaxt kovakka tiqdi.
– Ma, ol! Ye, ye!.. Ajinamisan, alvastimisan, ye, ye! – dedi yigʻi aralash. – Ye meni, ye! Boshim kerakmi, yuragim kerakmi, ye! – Boshi qop-qorongʻi kovakdaligi bois ovozi quloqlariga juda baland eshitilib, yuragiga vahshat ufurardi. Tashqarida esa ovozining kovakdan sirgʻalishga ulgurgan qismi ham qiru jarlikka urilib, osmonu zaminning ulugʻvor ogʻushida yoʻq boʻlib ketardi.

Shunqor dod solar, oʻkrab-oʻkrab, qaqshab-qaqshab yigʻlardi.
– Boychechak!.. Men seni yaxshi koʻrardim-ku, Boychechak!. Nega unday qilding, Boychechak! Endi men qanday yashayman?.. Qanday yashayman?!..

Shu koʻyi yo uxlab qoldi, yoki hushi ogʻdi. Koʻzini ochganida...

Olam yop-yorugʻ edi. Osmon tip-tiniq, uning chetida – quyosh charaqlardi. Koʻzlarini ochishi hamono qarogʻlariga hovuch-hovuch nur toʻldi. U butun vujudi zirqirayotganligini, hammayogʻi loy, hoʻl ekanligini payqadi. Zax oʻtib sovqotganidan xiyol titrardi. Boshi esa boʻm-boʻsh – na kechqurungi ahvolini eslardi, na biron reja yoxud oʻy yilt etmasdi unda. Faqat oʻrnidan turishni istar, lekin oyoqlari toʻngib qolganidan tura olishiga koʻzi yetmasdi. Bir qoʻlida tutni paypaslab, ikkinchisida buloq hosil qilgan gʻovakning chetiga tiranib, turishga urindi. Shu payt yuqorida uni kimdir chaqirdi. Koʻp oʻtmay chorlash yana qaytarildi. Yana, yana... U ovoz bermoqchi boʻldi, biroq tomogʻi gʻalati shigʻilladi-yu, tovush chiqarolmadi. Shuning ortidan holsizlanib, yana boyagidek choʻzilib qoldi.

Uni otasi boshliq qoʻni-qoʻshni tuni bilan izlashgandi. Nihoyat ajinatut ostidan topishdi. Lekin koʻzlariga ishonishmasdi, chunki odamlar kunduzi ham ajinatutning yoniga yolgʻiz borishmasdi.

Shunqor bir hafta isitmalab yotdi, tili kalimaga kelmadi. Doʻxtir qatnab turdi. Buyogʻiga ham gʻaflatda qolmaylik, deb oʻqitib-netishdi, insu jinsni haydovchi parixonga koʻrsatishdi. Haytovur bir haftada isitmasi tushdi, titrashi qoldi, atrofidagi odamlarni tanib, biroz tamaddi qildi. Lekin gapirganda ora-sira tili tortilib, duduqlanib qolardi. Ana shunda otasi uni jin chalganligiga ishondi.

Shunqor asta-sekin oyoqqa turib ketdi, duduqlanmay ham qoʻydi. Yoz kirdi hamki, oʻqishga taraddudi yoʻq, biron marta kitob tutmadi. Avvallari oʻqiyman, deb tinchimasdi. Endi esa... Bir kuni otasi «oʻqishga tayyorlanmaysanmi, bolam?» – deya oʻsmoqchilab ham koʻrdi. U otasining gapini tushunmaganday unga bir pas ma’nosiz tikilib turdi-da, yerga qarab bosh silkidi. Otasi uning alpozini koʻrib, oʻgʻlini boy berib qoʻyganligini angladi. Yolgʻizining taqdiriga kuya-kuya koʻp oʻtmay bandalikni bajo keltirdi. Togʻu toshlar, qushu hayvonlar uning izlarini qoʻmsab qolaverdilar. Shunqor boʻlsa bir-ikki yil ichida Servisboyga aylandi. Boychechakni faqat koʻrgandagina eslar, eslagach, unutmogʻi bir necha kunga choʻzilardi, biron tuzukroq andarmonlik topsagina yodidan chiqarardi. Yoki...

Servisboy goho gandiraklab, yiqilib tushmaslik uchun oyoqlarini ikki tomonga keribroq tashlab, Boychechakning ortidan boraverdi. Biroq yoʻli unavermas, unga sari qadamini tezlatishga urinar, chetdan qaragan odamga yurishi tobora kulgili koʻrinardi.

Boychechak ortiga qayrilmasdi: yo doʻkon yonidan oʻtayotib Servisboyni payqagandi, yoki keyinroq ortidan kelayotganini sezib qolgandi. Fe’lini yaxshi bilganidan, tezroq koʻzidan gʻoyib boʻlishni istardi, chogʻi. Aks holda, eri safardaligida mahalla-koʻy oldida gap-soʻzga qolmasa bas. Bir tomoni, gap-soʻz ham oʻlsin, deydi-yu, aslida Servisboyga, ha-ha, Shunqorga emas, aynan Servisboyga rahmi keladi. Shunqori endi hech qachon qaytmasligini tushunganidan, uni koʻrdi deguncha, yurak-bagʻri ezilib, xoʻrligi tutadi. Chidolmaydi.

Boychechak yelkasidagi ketmonini qoʻliga olib, kichkina yogʻoch darvozasidan kirayotganda ortiga oʻgirildi. Servisboy boyagidek dovdirab-sovdirab kelardi. Boychechakning qayrilganini, oʻziga qaraganini sezdi, sezdigina emas, uning nigohini aniq-tiniq koʻrdi. Oradagi masofaga qaramay, hozir Servisboyning shuuri oydin-oydin boʻlib, koʻzlari oʻtkirlashib borayotgandek edi.

Boychechakni darvoza yutib, koʻzdan gʻoyib boʻldi. Servisboy qadamini tezlatdi, qariyb chopdi. Manziliga yetganda, hansirab qolgandi. Bir kafti bilan devorga tiralib, darvoza yonidagi toshga oʻtirdi. Boshini devorga suyab, chuqur-chuqur nafas olarkan, niliy osmonga tikildi. Nigohi bir parcha oppoq bulutda qotdi. Bulut koʻzga yoqimli tarzda ohista suzar, turli shakllarga kirardi. Servisboyning nafas olishi me’yorlashib, boshi yana sarxushlana boshladi, vujudi boyagidek huzurbaxsh jimirladi. Koʻz oldidagi bulut eshilib, buralib, oppoq chechak shakliga kirdi. Soʻng chechak yuzidagi oqlik ohista surilib, uning chetida oq chiziq hosil qildi-da, ostida koʻk-moviy rang paydo boʻldi, ya’ni chechak koʻkimtir tusga kirdi – boychechakka aylandi.

Servisboy jilmaydi.
– Boychechagim boylandi,

Koʻnglim unga boylandi!.. – deya shivirladi lablari.

Endi osmondagi boychechakda asta-sekin Boychechakning yuzi akslandi. Servisboyning yelkalari, koʻkragi shishib, yovqur davridagi zabardast holiga qaytayotgandek, yuzi toʻlishib, boʻgʻriqdi, koʻzlari chaqnadi, goʻyo shunqorga mengzadi. Shu turishda u hozir-hozir koʻkdagi bulutni – Boychechakni changallab, bagʻriga bosgudek edi. Bu – Shunqor edi.

U darvozaning gʻiyqillaganini ham eshitmadi. Boychechakning sarosimali yuzi koʻrindi.
– Keting, Shunqor, keting! – deya shivirladi u bir qoʻlida darvozani tutib. – Sharmanda qilmang!

Shunqor tanish ovozni eshitib, darvoza tarafga butun tanasi bilan shaxt burilib, tiz choʻkib qoldi.
– Boychecha-akk!.. – Ham zorlik, ham xorlik, ham ulugʻvorlik aks etdi bu ovozda.
– Keting, iltimos, keting! – degan shivirlash eshitildi yana va darvoza ohista yopildi – Boychechak gʻoyib boʻldi.

Shunqorning yelkalari tagʻin quyiga ogʻdi, nigohidagi uchqun soʻnib, bir zumda shalvirab qoldi. Chiyillarkan, boshidagi oʻrusiy shapkasini changallab, yuzi osha sidirdi-da, tishlariga bosdi.
– Boychecha-akk! – ingrandi tishlari orasidan.

Soʻng yana boyagidek gandiraklab, mudom kimsasiz koʻcha boʻylab uyi tomon ketdi.

Darvozadan kirib, oftobshuvoqda paxtasi yangilangan eski toʻshakni qavib oʻtirgan onasiga ma’nosiz tikilgancha xiyla turib qoldi.

Onasi uning avzoyini koʻrib, yumushidan toʻxtadi. Ammo ovozidagi oʻzgarish oʻgʻliga ta’sir qilishini oʻylab, oʻzini bosdi, odatdagidek mehribon ovozda dedi:
– Keldingmi, bolam? Qani, yonimga kel-chi, qorning ham ochgandir?..

Servisboy dovdirab borib onasining yoniga oʻtirdi, yuzini tizzasidagi oftobda qizigan toʻshakka bosdi.
– Qornim toʻq, – dedi-yu, hoʻngrab yigʻlab yubordi. Yelkalari siltanib, koʻksi shishib-shishib yigʻlayverdi. Biron soʻz demay yigʻladi.

Onasi uning yuz-koʻzlarini silarkan, oʻzi ham unsiz yigʻladi.
– Ichdingmi, bolam? – soʻradi noxush hidni sezgan ona erkalash ohangida tanbeh berarkan.
– Hmm... – Yuzi toʻshakka burkanganidan Shunqorning ovozi gʻoʻngʻillab eshitildi.

Onaning yuz-koʻzini yosh yuvdi.
– Ichmagin-da, Shunqorim! – Aslida ona uchun oʻgʻli ichsa ham mayli edi, faqat uning sogʻ, xursand yurishini istardi. – Kim seni xafa qildi, bolam? – Ona oʻgʻlini ovutishga munosib soʻz topolmasdi.
– Boychechak chiqibdi, aya, – yana gʻoʻngʻillagan ovozi eshitildi oʻgʻilning. – Boychechak chiqibdi!..

Ona dod solib yubormaslik uchun labini tishlab, koʻzlarini qattiq yumdi. «Oʻsha Boychechagingga oʻt tushsin, ilohi, oʻrtandi qalbi, ilohi, uyi kuysin seni shu ahvolga solgani uchun». Ammo bu na’raning tashqariga chiqmogʻiga yoʻl qoʻymadi, oʻgʻliga ozor berib qoʻyishdan qoʻrqdi.

Servisboy shu koʻyi ancha yotdi. Rosa yigʻladi. Onasi ham koʻnglini boʻshatvolsin, deb tek qoʻyib berdi. Nihoyat yigʻidan toʻxtab, oʻrnidan turdi, burnini torta-torta yuz-koʻzlarini artdi. Boshi, bagʻri boʻm-boʻsh edi goʻyo. Avvaliga bu holi oʻziga yoqmagandek tuyuldi. Keyin esa vujudi allanechuk yengillashib qolganligini his qildi. Soʻng shafqatli termulib turgan onasiga qarab jilmaydi. Uning ayni damdagi boqishi, jilmayishi va umuman yuzidagi butun ma’no onaning yodiga asil Shunqorini soldi. U choʻntagidagi pulni chiqarib, onasiga uzatdi.
– Bu sizga, aya, ishlab topdim.

Onasi pulni qaytarmoqchi boʻldi:
– Oʻzingda tura qolsin, oʻgʻlim, biron narsaga ishlatarsan.
– Yoʻq, aya, bu sizga, – dedi u onasining yelkasidan mehrli quchib. – Nevaralaringiz kelsa, muzqaymoqqa berarsiz.

Onasi uning peshonasidan oʻpib, oʻksik tikildi. «Qaniydi, shunday qolsang», deya nola qildi yuragi...

Servisboy kechqurun Boychechakning xayoli bilan uyquga ketdi.

Tun yarmida birov chaqirganday uygʻondi. Hammayoq zim-ziyo. Osmonning bir chimdim yorugʻini izlab, derazaga picha tikilib yotdi. Qishloqda tez-tez chiroq oʻchib turadi – hozir butun qishloq zimiston boʻlsa kerak. Uning yuragi tez-tez urib, koʻz oʻngida tagʻin Boychechak paydo boʻldi-da, miyasida uni koʻrish istagi balqdi. Nazdida, Boychechakni allaqanday xavf kutib turganday tuyuldi. Yuragining shitob dukuri endi vahmga aylandi. Oʻrnidan turib, paypaslanib kiyimini kiydi. Shu payt allaqachon uygʻonib, oʻgʻlining harakatlari sharpasini kuzatib yotgan onasi soʻradi:
– Tinchlikmi, oʻgʻlim?
– Hmm, – dedi u oʻzini xotirjam tutishga urinib. – Eshikka (tashqariga) chiqib kelay.
– Tezroq qaytgin-a, bolam, – deb qoʻydi onasi mehribon ohangda.

Borliq qop-qorongʻu edi. Oy tugul yulduzlar ham koʻrinmas, faqatgina roʻparadagi qirning qoraygan boshi osmonning ochroq tusidan farqlanib, koʻzga yorugʻlikday botadi. Servisboy koʻzlarini ana oʻsha ojiz yorugʻlikka «sozlab» olgach, hartugul atrofdagi narsalarni ilgʻay boshladi. Endi dadilroq qadam tashlab, darvozaga yoʻnaldi. Onasi oʻgʻlining bemahalda qoʻzgʻolganidan xavotirlanib, hovliga chiqqanida, u ancha olislab ketgandi. Koʻcha nisbatan oydinroq, kishi oqish yoʻlni, oʻz oyoqlari uchini ham ilgʻashi mumkin. Atrofdagi boshqa narsalar esa tunga qorishgan.

Nihoyat qadrdon darvozaga yetib, yana toshga oʻtirdi. Olam jim-jit, goh-gohida itlarning hurgani eshitiladi, xolos. Togʻ bagʻridagi qirlarga tutash qishloqlarning kechalari boʻlakcha huvillaydi – chuqurroqmi-ey, hatto yurakka vahm soladi bu samoviy huvillash. Devorga bosh suyab oʻtirarkan, sukunatning butun ulugʻvorligi quloqlariga urilib, yuragiga zil soldi. Olam juda keng tuyuldi, oʻzini shu kenglik ogʻushida yolgʻiz his qildi. Nega keldim oʻzi bu yerga, deya oʻyladi, koʻz oldida Boychechakning surati gavdalandi. Nega keldim, degan savol miyasida aylanaverdi. Axir, u uxlayotgandir. Yolgʻiz qoʻrqmasmikan? Ikki goʻdagi bilan yolgʻiz oʻzi... Boychechakning oʻn bir yashar jiyani (opasining oʻgʻli) ularnikiga chiqib yotishini Servisboy bilmasdi. Bilsa nima, balki, baribir u ham bola-da, deb qoʻya qolarmidi. Aslida uning oʻylari ham oʻzgacha kechardi, risoladagidek xulosalar yasay olmasdi. Boychechakning yolgʻiz yotishini tasavvuriga keltirib, qoʻrqmasmikin, degani bilan ayolning qorongʻiga munosabatini tushunardi xolos. Ehtimol shuurining allaqaysi puchmogʻida saqlanib qolgan kechagi yolgʻiz odamning, ayniqsa, ayol kishining qoʻrqishi haqidagi fikr shunchaki miltirabgina qoʻyar... Qulogʻiga devor ortidan bir sharpa urildi. U beixtiyor sergak tortdi: qadam tovushimi? Oʻrnidan turib, darvozani ohista itarib koʻrdi – berk. Boychechak tashqariga chiqdimikin? Servisboy devorning pastak joyidan ichkariga boʻyladi. Ammo bu yerdan uyning oldi koʻrinmasdi. Buning ustiga, hammayoq zimiston. Nazdida, ayvon tarafda kimdir bordek tuyulaverdi. Birdan ayvonning chirogʻi yonib, sahnu hovlining bir qismi yorishib ketdi. Koʻchaning u yer-bu yeridagi chiroqlar ham yonib, koʻz chetlariga ojiz nurlari urildi. Uning xayoli boyagi sharpada edi. Endi nigohiga ayvondan sahnga tushayotgan soya ilindi. Ie, erkak kishimi? Keyin Boychechakning boʻgʻiq dagʻdagʻasi eshitildi:
– Yoʻqol, iplos! Beting qursin! – derdi u birov eshitishidan qoʻrqib, ham uy ichidan gapirardi shekilli, ovozi gʻoʻngʻillab.

Servisboy shaxt devordan oshib, ayvon sari tashlandi. Uning qadam tovushlarini ilgʻagandayoq sharpa sahnga tushib, qochmoqchi boʻldi. Servisboy oldidan toʻsib chiqib, yoqasiga chang soldi. Bu Shodi traktorchi edi. U avvaliga esankiradi, soʻng roʻparasidagi Servisboy ekanligini bilgach, tili buralib poʻpisa qildi.
– Qoʻyvor, dovdir! – dedi yoqasini boʻshatishga urinib. Uning kayfi taraq edi.
– Nega kirding, hoʻy?! Nega kirding?! – derdi Servisboy uni siltab, ammo ovozi balandlab ketganligini ham sezmasdi.

Uni tanib, ichkaridan Boychechak chiqib keldi. Shuning asnosida qoʻni-qoʻshnilarning yoʻtalgani, «Nima gap?» «Tinchlikmi?» degan ovozlari quloqqa chalindi. Shodi epchillik bilan yoqasini boʻshatdi-da, oʻzini hovli tomonga – qorongʻilik qa’riga urdi. Yon qoʻshni devor osha «Nima gap, qizim?» – dedi-yu, ayvon chetida sarosimada turgan Boychechak bilan Servisboyga koʻzi tushdi.
– Hech esing kirmadi-kirmadi-da, sen bolaning! – deya dakki berdi u Servisboyga. – Axir, bu birovning xasmi boʻlsa. Hali eri kelsin!..

Boychechak yigʻlab yubordi, yuzini changallab oʻtirib qoldi. Servisboy esa ne qilarini bilmay, tirjayganicha serrayib turar, chamasi, Boychechakning yonidaligidan oʻzicha shod edi...

Yoz kirib, Servisboyning ishi koʻpaydi – hali u, hali bu xonadonda turfa yumushlarni bajarar, juda unaqa bozor qilmay, berganlarini olib, indamay ketaverardi.

Bu kun fermernikida axlat oʻra kovladi. Chiqqan tuproqni tekislab, oʻraga qosh qoʻydi. Ishni asrga tugatdi. Keyin salqinlab, choy-poy ichib, xayol surib oʻtirdi. Fermerning xotini palov bilan siyladi. Eri tayinlab qoʻyganmidi, aroq taklif qiluvdi, Servisboy koʻnmadi. Shunday issiqda ichgisi kelmadi, shekilli.

Fermerning hovlisi qishloqning bu chetida edi. Servisboy shomga yaqin koʻchaga chiqib, uyi tomon loʻkilladi. Kallasi boʻm-boʻsh edi, biron joʻyali oʻy kelmasdi – bu oʻziga xush yoqardi. Albatta, u xush yoqish yoki yoqmaslikning ma’nosini toʻlaligicha tushunmasdi. Lekin hozirgi holatidan mamnun, xiyol tirjayib borardi.

Soʻldagi uylarning biridan ikki oʻsmir bola bilan Soyib suvoqchi chiqib keldi. Ustidagi kiyimi, yuz-koʻzi-yu, qoʻl-oyogʻi loy, boshidagi oq durraga ham loy yuqqan, u darvoza oldidan oʻtgan ariqchaga tushib, yuvina boshladi. Shalpangquloqlarini ishqalab, yuz-koʻziga suv shopirarkan, Servisboyni koʻrib, gap otdi:
– Hormang, Servisboy. Nima, zakazni tugatdingizmi?

Servisboy oʻz olamida edi. Suvoqchining ovozini eshitib, bir gʻalati boʻlib oldi. Atalani qaynoq ichib qoʻygan odamday bir-ikki yutinib, koʻzlarini pirpiratib turaverdi.
– Yuring, birga osh yeymiz, – dedi Soyib boldirlarini ishqalab.
– Yoʻq... – Servisboy miyasining kovaklarini titkilab, shu soʻzni topdimi yoki beixtiyor aytdimi, boshqa hech narsa demay oʻtib ketaverdi.

Ortidan Soyibning ovozi eshitildi:
– Qurbon shu yerda, bilasiz-a? Unga koʻrinmay qoʻya qoling. – U Servisboyni ayagisi kelib, samimiy gapirdi.

Servisboy indamadi, qayrilib qaramadi ham. Faqat Qurbon ismi qulogʻi ostida bir necha bor takrorlanganday boʻldi. Shuning asnosida shuurida ana shu ismga daxldor narsalar aylandi. «Qurbon? Qurbon?..» – deya pichirladi. Axir u!.. Hmm, Boychechakning eri-ku. Boychechakni esladi-yu, yurak urishi tezlashdi. Qurbonni unutdi. Koʻzlarining osti achishdi, bagʻrini kimdir qattiq ezgʻilaganday tuyuldi. Soʻng,
– Boychecha-ak!.. – deya xoʻrsindi.

Boychechakni koʻrmaganiga ancha boʻlgandi. Esiga tushdi-yu, juda-juda koʻrgisi kelib ketdi. Ana, qadrdon toshi – unda bir pas oʻtiradi. Balki Boychechak chiqib qolar...

Toshga oʻtirib, boshini devorga suyadi. Osmon kulrang tusga kirib borardi. Hademay yulduzlar charaqlaydi. Oy ham koʻrinadi. Oy Boychechakka oʻxshaydi. Unga toʻyib-toʻyib tikiladi...

Darvoza gʻiyqillab ochildi. Servisboy orziqqancha shoshib oʻgirildi.
– Boy!..

Biroq roʻparasida goʻlayib Qurbon turardi.
– Ie, jinni, yana keldingmi? – deya oʻshqirdi u.

Qurbon Rossiyadan qaytgach, uzun-quloq gaplar orqali Servisboyning kechasi uyiga kirganligini eshitdi. Birov shunchaki Servisboyga rahmi kelib, boshqasi gap yoʻgʻida gap-da qabilida, yana biri esa hazil-mazax yoki Qurbonning gʻashiga tegish niyatida gapirdi. Biroq koʻpchilik Servisboyning qoʻlidan yomonlik yoki buzuqlik kelmasligini yaxshi bilardi. Boʻlib oʻtgan voqeani aql tarozusiga solinsa bas edi. Ammo Qurbon unday qilmadi, kunda – kun ora xotini bilan urishadigan, Servisboyni yaxshi koʻrishda ayblaydigan odat chiqardi. Aslida uyiga Shodi kirganligidan bexabar edi. Xotini qoʻrqqanidan aytolmadi. Bu orada bir-ikki onasinikiga arazlab ham ketdi.

Servisboyni darvozasi oldida koʻrgan Qurbonning sochi tikka boʻlib, joni xalqumiga keldi.
– Yoʻqol betdan! – deya ayamay tepib yubordi. – Senga oʻzi nima kerak, dovdir?!..

Servisboy biqinini ushlab, ingragancha yonboshlab qoldi. Qurbon endi uni boʻgʻib, koʻksiga tizzasini qoʻydi, bor kuchi bilan ezdi. Servisboy qarshilik koʻrsatmadi. Boʻgʻriqib, qizardi, lekin qani qoʻlingdan nima kelarkin, deganday unga baqrayib turaverdi. Qurbon chidolmadimi, zarb bilan yuziga ikki bor musht soldi. Soʻng oʻrnidan turib, duch kelgan joyiga tepa ketdi. Servisboyning burnidan sharillab qon oqib, hammayogʻi qon aralash tuproqqa belandi. Shuning ustiga sarosimada Boychechak chiqib keldi. Bir muddat esankirab turdi-da, ahvolni tushungach, eriga yopishdi.
– Insof bormi sizda?! – deya hayqirdi, yoqasidan tutib, siltadi, nafrat bilan chekchaydi. – Nega urasiz bu shoʻrlikni?! Xudo urib qoʻygani yetmaydimi?..

Qurbon bor kuchi bilan uni itarib tashladi.
– Hmm, oʻynashingga rahming kelyaptimi?! Bor, bor, Ajinatutning tagiga billa ket!

Boychechakning boshi devorga urilib, gangib qoldi, roʻmoli sirgʻalib, sochi yoyildi. Keyin eriga nafrat toʻla koʻzlarini qadadi.
– Odam-podam emasakansan! – dedi tishlari orasidan. – Bilsang, xotiniyni sharmandalikdan sen jinni deyotgan mashi odam saqlab qoldi. Sen uning tirnogʻigayam arzimaysan! – Roʻmolini qoʻliga olib, darvoza tomon yoʻnaldi. Bir qoʻlida darvoza kesakisini tutib, yana eriga qaradi. – Ha, ketaman, – deya endi koʻzlari yoshlandi. – Butunlay ketaman!.. Mungʻaygancha ichkariga yoʻnaldi.

Qurbon xotinining vajohatidan dovdirab qoldi – uni hech qachon bu koʻyda koʻrmagandi. Shu ta’sir qildimi yoki charchadimi, boʻshashdi. Nimanidir anglaganday boʻlib, Servisboyga shafqat-la boqdi. Lekin na unga yaqinlashishini, na uyga kirishini va na toshga oʻtirishini bilmay, tek qotdi.

Servisboy esa ixrar, harsillab nafas olar, u yoq-bu yoqqa agʻdarilib, turishga urinardi. Ikkala qoʻlining ham kaftu barmoqlari qon va tuproq boʻlganidan burnidan hamon oqayotgan qonni artish uchun qoʻlining nisbatan tozaroq joyini qidirdi. Topolmagach, yonboshida tuproqqa qorilib yotgan shapkasini olib, burni-yu ogʻzini artdi. Soʻng qoqmayoq boshiga kiyib, qoʻllarida tiranib, bazoʻr oʻrnidan turdi. Yuzi zarbdan qizarib, shishib ketgan, koʻzlarining osti tobora koʻkarib borardi. U kiyim-boshini qoqmadi, gandiraklab, qoqila-suqila uyi tomon yurdi. Qurbon esa uning ortidan ma’nosiz tikilgancha merovsirab qolaverdi.

Servisboy uyiga yetib, darvozasi oldida bir pas serrayib turdi. Burnidan oqayotgan qon toʻxtagan, yuz-koʻzi rostmana shishib, koʻkargan, mudom hammayogʻi qonu tuproq, qoqishga yoxud artib-netishga ham urinmasdi. Uyiga kirmadi. Oʻtgan vaqt mobaynida xiyla nafas rostlab olganidan, tez-tez yura ketdi. Olam shom qorongʻusiga choʻmib borar, oʻtgan-ketganlar Servisboyning dovdir-sovdir yurishlariga koʻnikib qolganliklaridan, hozirgi koʻyiga parvo qilmasdilar. Yuz-koʻzi va kiyimlarining ahvolini esa xira qorongʻilik bois ilgʻamasdilar.

Qirga yetib, uning ustiga sari shiddat bilan yugurishga tushdi. Tez orada yana harsillab qoldi, lekin toʻxtamadi. Qir boshiga chiqib, endi pastga shoʻngʻidi. Nihoyat gursillab Ajinatut ostiga quladi. Hammayogʻi loyga belandi. Loy qonu tuproqqa qorishib, uning angori ayanchli va hatto qoʻrqinchli tus oldi. U oʻzini biroz oʻnglab, tut kovagining ikki chetidan tutdi, doimgidek boshini unga tiqdi. Koʻzlariga oydin-oydin ma’vo urildi. Unda nurlar ogʻushidagi Boychechak jilmayib turardi, u xuddi ahd-paymon qilgan begʻubor onlaridagidek bagʻoyat goʻzal edi.
– Keldingmi, Boychechak?! – deya oʻrtandi Shunqor. – Meni sevishingni bilardim! Baribir kelishingga ishonardim, Boychechak! Endi ketmaysan-a?.. Ketmaysan-a?!..
– Yoʻ-oʻq!.. – dedi hayqirib qiz va xandon otib kulib yubordi. Yuzi gul-gul ochildi, baxtiyor ovozi olamga sochildi.
– Boychecha-akk!.. – deya unga talpingan Shunqorning ogʻzidan oppoq kapalaklar uchib chiqqanday boʻldi...

Ertalab doʻkonchi doʻkonini ochib, atrofni supurib-sidirayotganda, boqishlari bejo, rangi oqargan somsapaz keldi.
– Ha, tinchlikmi? – soʻradi doʻkonchi uning ahvolidan hayron boʻlib soʻrasharkan.

Somsapaz koʻz va ogʻzini gʻalati qimirlatib, jim turaverdi.
– Hoʻy, gapirsang-chi, nima boʻldi? – deya turtdi doʻkonchi.

Somsapaz qalqib tushdi.

– Ajinatut... Ajinututning jinini koʻrdim. – U tutilib-tutilib gapirardi. – Hammayogʻi koʻkimtir-qora jin. Tutga suyanib, qimir etmay oʻtirgan ekan...