OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiMustaqillik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mustaqillik (hikoya)
Nabi Jaloliddin

Sulton buva olamdan oʻtdi.

Qishloqning ustunlaridan edi. Choponining yagʻrini quyoshda oqshaygandi. U oʻtirgan joydan oʻtgan ulovlar toʻxtashga, ulovdorlar esa yerga tushishga majbur boʻlardilar. qoyaning salobatu soyasi bor edi cholda. Bir umr dalada tabelchi, brigadir, hosilot boʻlib ishlagandi, yer tilini bilardi.

Betob edi, uyidan odam arimay qolgandi. Biroq uzoq yotmadi, shu kecha yetmish sakkizida davra qildi.

Janoza oʻn ikkiga belgilandi. Mahalla-koʻychilik -u ham ishga bormadi. Tahoratini yangilab, oktyabr oxirining oqish quyoshi yaltirab, koʻzga urila boshlaganda marhumnikiga chiqdi. Darvoza oldidagi qator oʻrindiqlar odamlar bilan toʻlib qolayozgandi. U marhumning eshik oldida qoʻl qovushtirib turgan uch oʻgʻli bilan yelka olishib, ta’ziya izhor qildi. hovli ichkarisidan xotinlarning aytib yigʻlagani eshitildi. Uning yuragi bir zirqirab qoʻydi. Oʻzi shunaqa -azador xonadondagi yigʻi ovozi hamisha eng avvalo yuragiga uriladi. Ortiga qaytarkan, nigohi bilan boʻsh joy qidirdi. Yosh emasmi, bir chetda tik turishga ham rozi edi, ammo boʻsh oʻrindiq koʻziga tez ilindi. Buning ustiga, joy qoʻshnilarining yonida edi, beixtiyor qadamini tezlatib, oʻsha yoqqa yurdi. Salom berib, oraga kirdi, lekin hech kim bilan qoʻl olishmadi.

-Chiqdingizmi-ey, qoʻshni, -dedi soʻl yogʻidagi savdogar qoʻshnisi, yuzlarga fotiha tortilgach.

Oʻng tarafdan kelayotgan «Neksiya» nariroqdayoq sekinlab, odamlar oldidan ohista oʻtdi. U yonboshidagilar bilan past ovozda qisqa hol-ahvol soʻrashgan boʻldi. Shuning ortidan yerga qaragan koʻyi jim qoldi.

Uning oʻng yonida boshiga dumaloq kulrang doʻppi, egniga kostyum-shim, oyogʻiga qora qalin paypoq ustidan yozgi rezina shippak kiygan, yoshi ellikni qoralagan bir devor qoʻshnisi, u bilan baqamti quyi koʻchalik yap-yangi doʻppi, kostyum ustidan yengil chakmon kiyib, zamona dindorlari kabi kalta soqol-moʻylov qoʻygan, koʻrinishidan qirq besh yoshlardagi qori oʻtirardilar. Kiyimi qimmatbaho doʻppisiga monand bagʻoyat ohorli savdogar hamsoyasining narigi yonidan yangi qora choponu doʻppisi oʻziga yarashgan, qishloqning oldi fermeri joy olgan. Undan keyinda esa aftidan odamoviroqqa oʻxshagan, tajangligidanmi, peshonasi serajin oltmish yoshlarning nari-berisidagi kishi uringanroq qora toʻniga burkanib, bukchayib oʻtiribdi. Boshida boʻlsa toʻnining tusiga «oʻtirishmagan» oq doʻppicha.

U esa jurnalist, tuman gazetasida ishlaydi. Yoshi oʻttiz yettida.

Jurnalist barmoqlarini har koʻyda qimirlatib, ularga jimgina tikilib oʻtirarkan, odatga koʻra marhum haqida yaxshi gap aytmoqchi boʻldimi yoki beixtiyormi, sekingina dedi:

-Rahmatli Sulton buva mustaqillik e’lon qilingan kuni yigʻlaganakan...

Uning gapini yonidagilarning hammasi eshitdi. Shippakli odam kuchuknikimonand koʻzlarini unga tikib, gapning davomini kutdi. qori esa «tavba» deganday bir qimirlab oldi. Savdogar miyigʻida kuldi, Fermer uni bilinar-bilinmas turtib qoʻydi. Oq doʻppichali kishining peshonasi battar tirishdi-da,

-Endi och qolamiz, deb yigʻlagandir-da!.. -deya toʻngʻilladi unga qovogʻi ostidan koʻz qirini tashlab.

Bu safar Fermer boshini silkib, ma’noli jilmaydi. qori esa xayrixohona bosh tebratdi. Jurnalistning bagʻri jizilladi, alamzada-da, deya oʻyladi, oʻgʻli Afgʻonda nobud boʻlgan. Kuyganidan shu koʻyga kelganmi, juda fe’li tor, ozgina narsagayam achchiq qilaveradi. Gap orasida agar shoʻro turganida Afgʻonda oʻlganlarning oilasidan hamisha xabar olardi, deya qistirib-qistirib qoʻyadi zarda aralash. qaniydi hozir agar shoʻro boʻlmaganida, ya’ni Vatanimiz avvalroq mustaqillikka erishganida, bizlar uchun Afgʻon urushi ham boʻlmasdi, demakki, oʻgʻlingiz ham oʻlmasdi, deya aytolsa. Afsuski, aytolmaydi -olovga qora yogʻ sepolmaydi. U shoʻring qurgʻur ham bagʻridagi oʻtni qanday bosishni bilmaganidan har balolar deydi-da, aslida, ayniqsa, alam achchigʻida oz-moz «tatib» olganida koʻziga yosh toʻlib, shoʻro boʻlmaganida oʻgʻlim urushga bormasdi, deb koʻp oʻylaydi. Oʻylagani sari yonadi, lekin tashiga chiqarmaydi.

-Ineychi-iney (innaykeyinchi), Sulton buva nimaga yigʻlaganakan? -soʻradi Shippakli rostmona qiziqish bilan.

Jurnalist xiyol jim turdi. Odatda u Savdogar yoki Fermerga oʻxshaganlarning masxaraomuz iljayishlarini shu tariqa yengib, oʻtkazib yuborishga urinadi.

-Rahmatlining otasi, -deya tilga kirdi nihoyat u, -oʻttiz yettinchi yilda qamalib, otilib ketmaganmi. Shu esiga tushib, agar oʻzbekiston oldinroq mustaqil boʻganda, otam oʻlib ketmasdi, men esa katta oʻqishlarda oʻqirdim, yettinchi sinf ma’lumotiminan qolib ketmasdim, deb yigʻlaganakan. Chunki otasini olib ketishgach, toʻngʻich farzand boʻganidan tirikchilikning borki yuki uning yelkasiga tushganakan-da. Yana tagʻin u kichkinaligida katta olim boʻlishni orzu qilardiykan...

Endi yoʻldan gʻingʻillab «Tiko» oʻtib ketdi.

-Nima, hozir qamashmayaptimi? -deb qoʻydi qori araz qilganday.

U bundan bir-ikki yil burun uyida bolalarni «eskicha»ga oʻqitardi. ham savob, ham tirikchilik, deganlariday. Ammo har xil toʻpolonlardan keyin uni bir-ikki oy melisayu prokuraturaga ketma-ket chaqirtirishaverib, rosa tavbasiga tayantirishdi.

-Bizam hujrada oʻqiganmiz, -dedi qori u yoq-bu yoqqa qarab olgach. -Ashi siz yomonlagan shoʻro zamonidayam birov gʻiring demagan.

-Birov bilmagan-da, qori aka. Bilsa-yu... -Jurnalist bosiqlik bilan gapirdi. -Ineykeyin u paytlari hozirgiday madrasalar, islomiy institutu universitetlar boʻmagan-da. hujralarda chalasavod...

-Siyosatni qoʻyinar endi, yonimizda yozuvchilar bor, yozvormasin tagʻin, -deya gapni boʻldi Fermer Savdogarga koʻzini qisib.

Jurnalist yomon koʻrgan soʻzini eshitib, ichida bezilladi. Bundaylarga kerakli gapni vaqtida topib-tutib zarba berib qoʻymasa, haddilaridan oshib, masxaraga aylantirib yuborishlarini yaxshi bilganidan:

-Yoʻq, mol qilib boqvoradi, -dedi bilinar-bilinmas gezarib.

Fermer pinagini buzmadi-da, sir boy bergisi kelmay, aytarini qitmirona ohangda boshqa yoqqa burdi:

-Un minan yogʻni talonga ob tursak, Xudo xohlasa, hammasi yaxshi boʻladi. Mustaqilligimizga endi oʻn yetti yil boʻlyapti-yu axir.

Jurnalist bu soʻzlarning tagma’nosini tushunib, boshini eggancha sukutga toldi. Qoriga aytgan «chiroyli» fikrlaridan ham afsuslandi: nima qilardi uqmaganga ogʻzini ogʻritib, tagʻin manovilarga kulgi boʻlib.

-Ashna deysiz-u, oziq-ovqat ja qimmatlab ketyapti-da, -oraga suqildi Shippakli. -Bozorni qarang... Men-ku eplab turippan.... -deb yubordi maqtangisi kelganday.

-Ha, endi dollarlardi ob turganiyzdan keyin... -dedi Savdogar ermaktalablik bilan.

Shippakli umr boʻyi dalada yer timdalagan. Keyinroq mardikorchilikka oʻrgandi -har holda qoʻl tishga bosgulik naqd pul koʻrarkan. Qarang-ki, mana shu peshonasi terdan shoʻrlaganning yolgʻiz oʻgʻli «kitobxoʻr» chiqib qoldi: maktabni tamomlab, otasining «qoʻy-qoʻy»lashiga qaramay, sigirining oʻtgan yilgi buzogʻini sottirdi-da, oʻqishga kiraman, deya Toshkentga joʻnavordi. Odamlarning aytishicha, boylarning bolalari oʻqiydigan oʻsha eng zoʻr oʻqishga bepul kirib ketsa boʻladimi. Yana deng, byudjetga kirdi. U rosa quvondi, koʻcha-koʻyda yelkasini koʻtarib yuradigan boʻldi, gap-soʻzlari butunlashdi. Ammo Toshkentda oʻqisa, qanday qilib pul yetkazib beraman, deb qoʻrqqandi, axir bu yoqda qizlarini chiqarishi kerak. Yoʻq, oʻgʻli bir soʻm pul soʻramay, oʻzini-oʻzi epladi. Toʻrtinchi kursga oʻtgach, qanaqadir tanlovda gʻolib chiqib, Angliyaga oʻqishga ketdi. U yana tashvishga tushdi. Yaxshiki, bu safar ham adashgan ekan: oʻgʻli oʻqish bilan birga oyiga ikki yuz dollardan pul joʻnatib turibdi. Shundan keyin mardikorchilikni tashlab, maktabga qorovul boʻlib oldi. qirq ming soʻm oyligi bor. Xotinining gapi bilan oʻgʻli joʻnatgan puldan chegirib, bozorga bordi-da, oʻttiz ming soʻmga ustidagi kostyum-shimni kiyib qaytdi.

Yana mashina oʻtdi.

Yoʻlning nariga betida oyogʻiga eski kerza etik, egniga yagʻiri chiqib ketgan kostyumga oʻxshash narsa kiygan, qop ortqilaganidan bukchayib olgan kishi koʻrindi. Hamma unga qaradi. U yuzini bazoʻr oʻgirib, salom berdi.

-Oʻzbek tirikchilik, deb oʻlib ketarkan-da, -dedi kimdir.

-Hamma balo oʻzida-da. Boʻmasa, oʻgʻli Rossiyadan «yaxshi» keldi, -degan gʻoʻldirash eshitildi chetroqdan.

-Kap-katta odam na janozani bilsin. -Bu qorining ovozi edi.

-Ish bilan boʻlib kechroq qogandir-da, hozir qaytib chiqsa kerak, -dedi Jurnalist beixtiyor, gapini birov eshitishidan bezillaganday mingʻirlab.

-U-bu deysilar-u, tirikchilik ja qiyin boʻp ketyapti-da. Boʻmasa zarilmi-ya becharaga, -deya qoʻshildi Fermer hammaning tashvishini qilayotganday ohangda. -Mana, bugʻdoy ming soʻmga chiqibdi. Ming soʻm-a!..

-Yoʻgʻ-e?.. -deb yubordi Oq doʻppichali koʻzlari olayib.

Fermer bunga parvo qilmadi. Faqat koʻkragini bir kerib, tomoq qirib qoʻydi. Uning toʻqson olti gektar yeri bor. Bu yil bugʻdoy yili boʻlib, ekkan bugʻdoyining ellik tonnasi oʻziga qoldi. Uyiga sigʻmaganidan yarmini ukasinikiga bosdi. Mana endi bugʻdoyning qimmatlashini kutib yotibdi. qimmatlashi bilan birvarakay bozorga «uradi». haligi, «yaxshi niyati» shuning xumori. Bir yoʻla necha yil agronomlik qilib, kosasi oqarmaganligining alaminiyam oladi.

-Hamma gapirsayam siz gapirmang, fermersizu... -dedi Savdogar tirjayib, «siz bilan menga nima» qabilida.

-Ashna deysizu, fermerligam osonmas. Bu yer Rossiya boʻsaykan, chestniylik boʻsa, har xil lgotlar boʻsa. -Fermer soʻzi hasratga aylanib ketayotganidan picha sergak tortdi. -Ular vobshe rivojlanib ketyapti. Bizda boʻsa, faqat obqoch-obqoch...

Bosib qoʻygan bugʻdoyimni birov bilib qolmasin, deydi-da xumpar, xayolidan oʻtkazdi Savdogar, boʻmasa shu yozgʻirishlar mashinga (mana shunga) yarashadimi? Lgotmish? Senga yana qancha lgot kerak? Oy chiqsayam, kun chiqsayam fermerlarga boqyapti-yu. Bir yilda ellik tonna bugʻdoyni oʻzingga berib qoʻygani lgotlarning lgoti emasmi?

«Fir-gʻir» qilib «Jiguli» oʻtib ketdi.

Yoʻlning narigi betida qishloq qizlariga nisbatan satangroq kiyingan qiz koʻrindi.

-Haligi «zakoʻnchi»ni qizimi? -shipshidi Fermer Savdogarga «Zakoʻnchi» yon-verimda emasmi, deganday u yoq-bu yoqqa alanglab.

-Hm-m... -derkan Savdogarning koʻzi bir yiltirab qoʻydi.

-Shu «zakoʻnchi»ni otasi oʻz otasi oʻlganda janoza oʻqitmagan deyishadimi?.. -soʻradi qori.

-Ha endi zamon shunaqa boʻgan-da, otasi chestniy partiyniyidi. Unisini qoʻying, rahmatli oʻgʻliga roʻzada toʻy qigan, -dedi Savdogar ogʻiz ochishga ham ogʻrinayotganday.

-Yurishi oʻzgarib qoganmishmi?.. -Fermerning aytgani ogʻzida qoldi.

-Angliyada pochti non yeyishmasmish, -dedi tomdan tarasha tushganday Shippakli xiyol shanqib.

-Buni siz qayagʻdan eshita qoldiyiz? -deya Fermer gapi boʻlinganidan unga pisandsizlarcha nigoh tashladi.

-Oʻgʻlim tilponda aytdi. -U shu bahona maqtanishni istardi. Oʻgʻli ketganidan buyon bir marta mahallaning idorasiga telefon qilgandi. Oʻshandan beri topib olgani shu, bolasi aytmagan narsalarniyam oʻzidan qoʻshib-chatadi.

Odamlarimizning fe’li qiziq-da, oʻyladi Jurnalist, shu bola -oddiygina mardikorning oʻgʻli shu yerda oʻqib, unib-oʻsib, oʻsha yoqlarga munosib es yigʻadi-da, bir kuni qaytgach, oʻziga shuncha ta’limu-idrokni bergan xalqiga aql oʻrgatmoqchi boʻladi. Oʻzini bu yerdagilardan boʻlakcharoq, ehtimolki, a’loroq tutadi. Angliyada non yeyishmas emish. Tavba! Ular yemasa-emas, lekin sening xalqing non yeydi. Yeganda ham suyub-suyub yeydi, koʻp yeydi. Nima, endi sen xalqingni non yemaydigan qilishga urinasanmi?.. Qoʻy, badgumon boʻlmagin. Ota-da, och qolmayapsanmi, deya soʻragan boʻlsa, haligi gapni balki qiziqchilikka aytgandir-da.

-Oʻzi-chi, rosti, jeyla (judayam) noshukur boʻp ketyappiz, -dedi Savdogar ovoziga salobat bagʻishlashga chiranib. -Boʻmasa, hamma narsamiz yetarli.

Shu fikr undan chiqdimi, degan oʻy oʻtdi Fermerning xayolidan. Qachon qarama bizda qonun yoʻqligidan, ayniqsa, «organlar» haddidan oshib ketayotganidan noliydi. Aslida uning noliydigan ahvoli yoʻq. Bir umr «RayPO»da ishlab, davlatdan oʻmargan pullariga «01-Jiguli» olgandi. Uniyam birovning nomiga rasmiylashtirgandi. (U paytlarda har kimga ham mashina olish mumkin emasdi-da). Endi esa uch oʻgʻlining har birida bittadan dangʻillama hovli, qimmatbaho mashina. Oʻzining uyi esa saroy, tagida «Lasetti». Yana toʻrtta mashinani ijaraga berib, kirakashlikka chiqarib qoʻygan. Shunday ekan, uning hamma narsamiz yetarli degani toʻgʻri, faqat qitmirlikka balo bormikin?

Jurnalistning yuragi siqildi, ham atrofda odam koʻpayib, bir necha katta yoshlilar oyoqda qolganidan, joyni ularga boʻshatib, chetroqqa oʻtdi-da, tik turganlarga qoʻshildi.

Nihoyat janozaga turildi. Jurnalist odamlar orasida ichkariga kirib borarkan, koʻz qiriga hov narida, tahorat olgan shekilli, shimarilgan yenglarini tushirish asnosida biroz bukchaygancha yugurib kelayotgan boyagi qop koʻtargan odamning sharpasi urildi.

Janozada odam ancha koʻp edi. Imom qibla tomonga qoʻyilgan anbar (tobut) yonida turib, qisqa va’z aytdi, u dunyo va oxirat, yaxshilik va yomonlik, marhumning fazilatlari haqida gapirdi. Agar marhumning kimlar bilandir «oldi-berdisi» boʻlsa, uch oʻgʻli kafil ekanligini bildirib, mayyitning zimmasidan bu dunyolik tashvishlarni soqit qildi. Soʻng marhum oʻgʻillariga bir xat yozdirib, janozaga kelgan xaloyiqqa oʻqib berishni vasiyat qilganligini aytdi. Bu kutilmagan yangilikni eshitib, hamma jim qoldi. Imom daftar varagʻiga yozilgan xatni baland ovozda oʻqishga tushdi:

-«Aziz hamqishloqlarim! Men u dunyoga bu dunyodan rozi boʻlib, xursand holda, anbarimdan qanotlar chiqib, uchib ketayapman. Chunki men Vatanimizning mustaqil boʻlganini koʻrdim, shu kunga yetdim.

Sizlardan iltimos, bu borada jiddiy boʻlinglar. Bu tabarruk tushunchani hazil-mazax qilmanglar. Mustaqillik siz bilan bizdan, shohu-gadodan, niyatlarimizdan, xato va nuqsonlarimizdan, nafsimizdan, yolgʻonlarimizdan, arazlarimizdan -hamma-hammasidan ulugʻroqdir. Shuni biling! Yana iltimos qilaman, Mustaqillikni asrang, millatdoshlar!..»

Marhumning oʻgʻillari boshlarini egib, jimgina turishar, faqat yelkalari silkinib qoʻyardi.

Jurnalistning eti jimirlab, boʻgʻziga nimadir tiqildi. Qaysi oʻgʻli yozdiykin, degan oʻy oʻtdi xayolidan, yaxshi yozibdi. Rahmatlining oʻziniyam tuzukkina savodi bor edi-da. U shu lahzada atrofidagi odamlarning yuzlariga bir-bir boqib, ularda aks etgan ma’nolarni bilishni istardi. Ammo buning iloji yoʻq, safda turganda alanglash odobdan emas. Qolaversa, bu barchaning oʻz ishi. Ehtimol, kimdir kulgandir, kimdir hayron boʻlgandir? Balki uning koʻyiga tushib, koʻziga yosh olganlar ham bordir?..

Xaloyiq anbarni mashinaga solmay, qabristonga qoʻlma-qoʻl eltdi. Ikki tarafdan kelayotgan mashinalar chetga chiqib, toʻxtar, egalari anbar tutgani oshiqardilar.

Jurnalist Sulton buvaning oʻgʻillari va savobtalab yoshlar qatori ketmonda, qabr ustiga tuproq tortarkan, yerning ostki qatlamidan chiqqan yumshoq, sargʻish tuproqqa boqib, xayolan  bir hikmatni kashf etdi: mana shu oltinday tovlangan xilqat har qanday chiqindi-yu axlatni, boringki, hamma-hamma narsani, hattoki, bizning jismimizni ham bagʻriga olib, taftini beradi va oxir oqibat mayin tuproqqa aylantiradi. U shu qadar xokisor, kamtarin va cheksiz mehru himmati tufayli mislsiz ulugʻvor. Sen chinorning yaprogʻisan, sen tolning bargisan yoki eski lattasan, deya ajratib oʻtirmaydi -barini oʻz bagʻriga olaveradi.  Mustaqillik ham xuddi ona  tuproqqa oʻxshaydi: bizlarni -olimu dehqon, ishchi-yu savdogar, oʻgʻri-yu kazzob, avliyo-yu gʻofil,  shohu gado -barcha-barchamizni oʻz quchogʻiga olib, taftini beradi-da, yillar osha Xalqqa, ozod millatga aylantirib boradi...

Jurnalist qabr boshidan oʻtirganlar orasiga qaytib, choʻnqayarkan, «Taborak» («Mulk»)ning ogʻushiga singdi. Miyasida esa keyingi oylardagi niyati yana gʻimirladi: maoshidan oshinib, bir kilo talliq (suyaksiz, yumshoq) goʻsht olsa-yu, birvarakay qozonga solib, pishirsa, soʻng uchov bolasiga boʻlashib bersa va nihoyat ularning lunjini toʻlatib-toʻlatib goʻsht chaynashlarini miriqib tomosha qilsa. Lekin hozir bu haqda oʻylashni istamadi. Qabristondan qaytib, uyiga kirishni va bolalari bilan suyuqmi-quyuqmi ovqatni yeb, tushlik qilishni, keyin esa Sulton buvaning xatini, oʻzi kashf etgan hikmatni tezroq ularga aytib berishni diliga tugdi...

U gʻilq etib yutingandi, oʻng koʻzidan bir tomchi yosh sizib chiqib, yuzi uzra quyiga sirpandi.

Olamga Ollohning «Mulk»i taralardi...