OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nabi Jaloliddin. Ogʻriq (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiOgʻriq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/05/22
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ogʻriq (hikoya)
Nabi Jaloliddin

Ayvondan tushib, soʻrining oldiga yetganda ogʻriq kuchaydi. Oʻng qoʻli bilan qornini changallab, chap qoʻlida soʻrining yogʻoch koʻngurasini tutgancha, yarim bukchayib nafassiz turib qoldi. Kindigining atrofida xuddi hoʻl lattani siqqan kabi burab paydo boʻladigan bu ogʻriq oʻnga qariyb yigʻirma yildan berib azob beradi. Oʻqtin-oʻqtin tutib qoladi u qurgʻur, na fasl tanlaydi, na iqlim. Sovuqdan deb davo izladi — boʻlmadi, issiqdan saqladi — naf bermadi. Parhezga oʻtib koʻrdi — qani endi tuzalsa. Axiyri ogʻrisa ogʻriqi, ogʻrimasa ogʻrimadi, demaydigan boʻldi. Bundayam Allohning bir hikmati boʻlsa kerak-da, deydi-qoʻyadi. Yo hafsala qilib doʻxtirga bormaydi. Bir borganida oʻsha odamlar zoʻr deb maqtagan doʻxtir qornini rosa uqaladi, bir nimalarni soʻradi, nihoyat: «Qorningizda kolit bor ekan», dedi. «Qornimda kalit nima qiladi?» deb kuldi ogʻriq orasidan bir tuynuk topib. Keyin bilsa, «kalit» degani — bu kasallikning nomi ekan. Doʻxtirning yozib bergan dorilari kor qilmagach, shu-shu u yoqqa bormay qoʻydi. Lekin doʻxtirlarni hech dachon kovjamaydi, hammasi Allohdan deydi. Bir tomoni, bu ogʻriq deganlari yaqin qadrdoniga aylanib qoldi, desa ham boʻlaveradi. Chunki ogʻrimagan kunlari tushunib boʻlmas gʻalati bir tuygʻu bilan eslab, «qornim ogʻrimay qoʻydi-ya», deya koʻnglidan oʻtkazib qoladi. Ogʻriq boshlanguday boʻlsa, «kalitim buralyapti», deb bolalariga qiziqchilik qilgan boʻladi...

Qorni anchadan beri ogʻrimay qoʻygandi. Bir-ikki, nima balo hayr-ma’zurni nasiya qilib joʻnavordimikin-a, deya oʻylagani ham rost. Keyin-keyin xursand boʻldi, namozlarida shukrona keltirdi. Qish ichi ham ogʻrimaganiga endi tuzalibman shekilli, degan hoʻlosaga keluvdi. Yoʻq tuzalmagan ekan, mana, qoʻqqisdan ushlab qoldiyu. Endigina asr namozini oʻqib, tashqariga chiqayotganda ogʻriq turdi.

U qornini changallagancha tobora bukchayib borardi. Bu safar bukchayish tugul ingrab yubordi, yoʻq, tishini tishiga qattiq bosib, choʻzib ingradi, desak toʻgʻriroq boʻladi. Oʻziyam qattiq ogʻriydi-da — kindigining chap yonida paydo boʻlgan ogʻriq buralib, asta-asta oʻng tomoniga oʻtadi va bir muddat toʻxtaydi. Soʻng yana qaytadan boshlaydi va boyagiday davom etadi. Ogʻriq aylanayotganda kindigining atrofi toshday krtadi. Shunaqa buralib aylanishlar ikki-uch bor takrorlansa bas, ancha-muncha baquvvat odamning ham tinkasini quritadi. Goho ogʻriq asnosida doʻzaxdayam shunaqa ogʻriqlar boʻlsa kerak-da, deya xayol qiladiyu, darrov istigʻfor aytadi. Ba’zan esa uzoq azoblardan soʻng ogʻriq toʻxtaganida madori qurigan odamning ayanchli jilmayishi bilan kampiriga hazil qilib qoʻyadi:
— Bollaringga toʻlgʻoq tutganida nazaringdan qolmovdimmi, kampir? Mabodo qargʻab-netmovdingmi? — deydi kampirining qoʻlidan birovni qargʻash kelmasligini yaxshi bilgani uchun hazildan keyinoq mehrli boqib. — Xuddi toʻlgʻoq tutganga oʻxshab ogʻriydi-ya, jonivor!..

Ogʻriq qoʻyvordi. Qaddini xiyol koʻtarib, bir oz nafas rostlash uchun suriga oʻtirdi. Kampiri oʻchoq boshida edi, shuning uchun uning tobi qochganini sezmadi. Lekin chol roʻparasidagi gilos ortidan goh-goh koʻrinayotgan kam¬piriga umidvor tikildi — ogʻriqning toʻxtashiga xuddi u sababchiday yoki yana ogʻriq turishini ugina toʻxtatib qolishi mumkinday, yuragi orziqib, mijjalari achishganday boʻldi. Ahvolimni koʻrishi bilan yugurib keladi, deya oʻyladi keyin. Keladi!.. U ayni paytda kampirining qayrilib qarashini, darrov yugurib kelishini, bir bor mehrli boqishini juda-juda istab ketdi. Ammo kampirjoni hadeganda qarayvermadi, chunki u anchadan beri ogʻriqni unutib yuborayozgan cholining ahvolidan xotirjam boʻlgani uchun oʻzining har kungi tashvishlari bilan band edi. Bir tomoni qaramaganiyam durust, negaki kampiri keyingi yillarda qarilikni boʻyniga olib, tobora krvjirab bormoqda. Cholining dardi yana tutib qolganini bilsa, shoʻgʻlik bezovtalanadi, oromini yoʻkrtib, yuragiga zoʻr keladi. Kampirning kasal boʻlishi, boringki, yotib qolishi, chol uchun oʻz dardidan ogʻirroq tuyuladi. Chunki oʻzbek chollari oʻz kampirlari bilan tirik, ularning sharpasini hech yoʻq uzoqdan boʻlsa-da, koʻrib turishmasa, jonlari halqumiga keladi-qoladi. Suyishgayam, soʻkishgayam kampir darkor, illo choli tushmagurlarning jon rishtalarining bir uchi kampirsholarning jonlariga payvand. Ha, buni hozirgi yoshlar qayoqdanam bilishsin. Ba’zi keksalar tul qolishib, ogʻizlaridan «kampir-kampir» tushmaguday boʻlib choʻzilsa, yosh-yalanglar hazil-mazax qilibmi, xiringlashib qoʻyishadi. Qarimaganlar kampirning qadrini qayoqdanam bilsin. Ular ham qarisin, ilohi, bellaridan quvvati arisin, ana undan keyin...

Qolaversa, uning kampiri boʻlakcha — cholga juda jon tortishadi. Azali shunday. Oʻsha yoshlik chogʻlaridayam ba’zi ayollarga oʻxshab erini begona deb bilmasdi, tarbiyasi shundaymidi, negadir oʻz jigariday qayishib yashardi. Shuning uchun bu ham uni juda-juda yaxshi koʻrardi. Bir kun koʻrmaoa, sogʻinib qolardi. Ayniqsa, jahli chiqqanida agar kampiri yonida boʻlmasa bormi, tamom, atrofidagi bola-chaqalari qochgani joy topolmay qolishadi. Bunga oʻrganib qolishgan farzandlari onasini hazillashib «dadamning dorisi», deb ham qoʻyishadi. Nima qilsin, oʻrganib qolgan-da. Lekin shu paytgacha hali biron marta: «Xotin, seni yaxshi koʻraman», demagan. Oʻurugʻi yoʻl qoʻymagan, shekilli-da. Ammo koʻp bor aytgisi kelganu tilining uchidan qaytargai. Bir tomo¬ni, aytmagani ham durust, mehrning, oqibatning mazasi qochadi. Muomalalari bachkanalashib ketadi, har holda u shunday oʻylaydi.

Kampiri haliveri qaramasligiga ishonch hosil qilgach, chap kaftini qorniga bosgancha asta qadamlar bilan hovli tomonga yurdi. Koʻchadagi katta anhordan oqib kiradigan ariqcha-tashlamani hatlab oʻtib, bir toʻxtalib oldi, shu ozgina silkinishdan ham qornim ogʻrib qolmasaydi, deb qoʻrqib ketdi. Qoʻrqqanicha bor ekan, bostirma tomonga bir-ikki qadam tashlar-tashlamas, rostdanam haligi silkinishdan qoʻzgʻaldimi yoki oʻzi ogʻriydigan muddati kelganmidi, qorni tagʻin burashga tushdi. Lekin endi darrov bukchayib olmadi-da, bir oz ildam qadamlab, qoʻy qoʻrasi oldidagi shoxcha qirqadigan toʻnkaga oʻtirdi va qornini changalladi. Bir-ikki qattiq buragach, sillasi qurib, peshanasidan ter chichiqib ketdi. «Yo Alloh, rahming kelsin!» deya ingradi tishlari orasidan. Biroq ogʻriq toʻxtamadi va hatto, kuchayganidan yerga dumalab yuborishiga oz qoldi. Chidamaganidan gʻujanak boʻlib, tizzalarini gʻajiguday ahvolga tushdi.

Darvozadan tomoq qirib, oʻrtancha oʻgʻli kirib keldi — u ishidan qaytmoqda edi. U yoq-bu yoqka alanglab oʻchoq boshidagi onasini koʻrdi-da, «hormang, buvi», dedi turgan yerida. Onasi boshini koʻtarib: «Hmm, keldingmi?», dediyu yana nimagadir chalgʻidi.
— Dadam uydami? — soʻradi oʻgʻil.

Onasi boshini koʻtarib, cholini unutganligidan xijolat boʻlibmi, xiyol kalovlanib qoldi.

Otasi ularning gaplarini eshitib turganligidan «men bu yerdaman», deganday tomoq qirib qoʻydi. Oʻgʻil oʻsha tarafga yurdi, onasi esa tinchlikmikin, deganday uzoqdan choliga tikildi.
— Assalomu alaykum, dada. Ha, beyda oʻtirib krbsiz? — deya otasi bilan soʻrashgan oʻgʻil uning yuziga sarasaf soldi.

Chol allaqachon oʻzini oʻnglab olgandi, chunki mazasi qochganini oʻgʻliga sezdirmoqchi emasdi. Shuning uchun:
— Aleykimassalom, keldingmi, bolam? — dedi iloji boricha ravon gapirishga urinib.

Biroq sezgir farzand otasidagi oʻzgarishni darrov payqagandi:
— Nima, yana qorniz ogʻriyaptimi? — soʻradi achinish ohangida.

Chol talmovsiradi;
— Yoʻ-oʻq, yaxshiman, sal-pal...
— Soʻriga oborib qoʻyaymi?
— Yoʻq!.. Bor, ishingni qilaver, — dedi ota bUyroʻq ohangida.

Oʻgʻil otasining fe’lini yaxshi bilganidan indamay hovlining etagidagi oʻz uyi tomon oʻtib ketdi.

Bu payt erining ahvolidan havotirga tushgan kampiri shu tarafga kelmoqda edi. Cholning koʻnglida ajib bir evrilish paydo boʻldi-da, atrofini oʻrab borayotgan qorongʻiliq oʻrnini taskinli bir huzur egallab, hatto, ogʻriq ham pasaygandek tuyuldi. Bu shunchaki uzoq yillar mobaynida qoʻsha qarigan er-xotinlar oʻrtasida vujudga keladigan koʻnikmamidi yoki rostdan ham kampirining bir nimasi bormidi, har tugul, u yonida boʻlsa mushkullari oson kechardi.
— Bu yerda nima qib oʻtiribsiz, odamdi koʻrqitib? — deya soʻradi kampiri havotirini erkalovchi bir ohangga chulgʻab.
— Tagʻin ogʻrib qoldi-da. Esimdanam chiqib ketgan ekan! — chol boyagidek kuchanib gapirardiyu, biroq ovozi u qadar ayanchli emasdi.

Kampiri nima qilarini bilmay, kalovlandi.
— Novvotchoy qib beraymi? — dedi choliga joni achiganidan xuddi oʻzining qorni ogʻriyotganday yuzi tirishib. Lekin novvotli choy uning dardiga malham boʻlolmasligini yaxshi bilardi.

Chol ham kampirining ahvolini tushunib turardi, shuning uchun oʻzini bardam tutishga urinib, dedi:
— Borib qozon-tovogʻingga qarayver, kampir, xiyla tuzukman.
— Iloyo, Xudoning rahmi kesin! — u choliga birpas termilib turdi, soʻng: — Suyuqqina mastava qibberaman, — deya oʻchogʻi tomon ketdi.

Ogʻriq qoʻyib yuborganidan chol oʻzini yana tetikroq his qilmoqda edi. U qornini beixtiyor quchoqlab, turli mevalarga burkangan hovlisiga intiq razm soldi. Bu bogʻni oʻzi yaratgan, oʻz qoʻllari bilan yaratgan. Bolalarim yeydi, deb hamma mevadan oʻtqazgan. Bogʻida yoʻq mevaning oʻzi yoʻq. Otasi rahmatli ham shunaqa edi — hamisha koʻchat koʻtarib yoki qoʻlidan gulqaychi tushmay, mevali daraxtlarni shaqlga solib, qirqib yurardi. Manavi molxonaga yopishib turgan, yoʻgʻonligi bir qulochdan ancha ortib ketgan qari oʻrikni ham otasi ekkan. Oʻshanda bu oʻn besh-oʻn olti yashar oʻspirin bola edi. Shungayam mana ellik yildan ortiq vaqt boʻlibdi. Hozir u oltmish toʻqqizga kirdi, oʻrik esa ellikdan oshibdi. Ha, oʻrik ham qaridi, har yili gʻuj-gʻuj gullaydiyu, biroq uncha gʻoʻra tugmaydi. Uyam avvalgi shashtim bor, deb oʻylasa kerak-da. Yoʻq qarilik baribir gʻalaba qilar ekan. Bu jonivorning haybatini qarayu!..

Hozir negadir oʻlimni eslab, xuddi bugun oʻlib qoladigandek tuyuldi nazarida. Avvallari oʻlimni eslagudek boʻlsa ham goʻyo ertaga ertalab ishga borishi keraqligi yodiga tushganday bir tuygʻu xayolidan kechardiyu tezda unutardi. Lekin bugun unday boʻlmadi, oʻlim xayoli kallasining bir burchagiga oʻrnashib oldi-da, uni beorom qila boshladi, vahimaga soldi. Ehtimol vahimaga soldi deyish butunlay toʻgʻri boʻlmas, chunki uning uchun shu yoshda oʻlimdan qoʻrqishi bachkanalikka oʻxshaydi. Vahima esa, hamma ishni qila oldimmi, bola-chaqamga barcha gaplarimni aytib ulgura olamanmi-yoʻqmi, degan kabi savollarga oʻrangan bir insoniy havotir edi, xolos. Masalan, katta oʻgʻlini alohida uy qilib chiqargan, undan koʻngli toʻq. Oʻrtanchasini hovlisining etagiga joylagan. Manavi oʻrikning roʻparasidan devor qilib (agar oʻgʻillari shuni xohlasa), ikkiga boʻlib bersa, tinchiydi. Hovli katta, ikkalasigayam yetadi. Katta uy kenjatoyga qoladi.

Ikki qizi esa allaqachon uyli-joyli boʻlib ketishgan. Asosiy gaplarni oʻrtancha va kenja oʻgʻillariga aytishi kerak. Bu haqda avvallari ham koʻp gapirganu, ammo oʻlim oldidan aytiladigani boʻlakcha boʻladi-da. U bir gʻalati boʻlib ketdi, rostdanam oʻlib qolsa-ya. Kenjasini unashtirib qoʻyishgan, nahotki uning toʻyigʻa yetib borolmasa? Nega muncha oʻlimni oʻylab qoldi, ogʻrib yurgan qorni-da, axir!.. Yoʻq, bu safar boshqacharoq. Koʻnglidayam allanechuk havotir gʻimirlaydi... Qaniydi, shu kenjatoyining toʻyini koʻrib, keyin oʻlsa! Ha, aytganday, u haliyam ishdan kelmadimi? Yo kelganini koʻrmay qoldimi? Yoʻq, oʻgʻillari tuzuk, ishga ketishda ham, ishdan qaytishda ham otasi bilan koʻrishib oʻtishadi. Hali kelmadi. Nega kech qoldiykin-a?! U «yo pirim!» deb oʻrni¬dan turarkan, qorni ogʻrib qolishidan qoʻrqib gavdasini butunlay tiklamadi. Haligi ogʻriqlar bilan ancha quvvati ketganidan oyoqlarini sudrab, bukchaygancha uy to¬monga yurdi. Bu orada oʻgʻlini soʻrash uchun koʻz qiri bi¬lan kampirini qidirdi. Bir qulogʻi cholida boʻlgan kampiri uning qoʻzgʻalganini koʻriboq shu tomonga yurgandi.
— Kenjang koʻrinmadimi, kampir? — soʻradi u inqillab va bu orada soʻrining oldiga kelib qoldi.
— Daragi yoʻgʻu... Ushlanib qolgandir-da. — Kampirining ovozida taskin beruvchi ohang bor edi.
— Shunday boʻsa kerak...

U soʻriga choʻzilmoqchi boʻlgandi, kampiri shosha-pisha bolishlarni toʻgʻriladi.
— Ovqatam pishib qoldi, qaerda ichasiz?
— Shu yerga obkelaqol...

Uning mutlakr ishtahasi yoʻq edi. Bu gapni esa shunchaki kampiriga javob berishi lozim boʻlganligi va uni ortiqcha havotirga solmaslik uchun aytdi.

Bolishga yonboshlashi bilan qornida yana ogʻriq turdi. Afti tirishib, ogʻriqqa hamohang kuchangancha oʻrnidan turib, soʻri suyanchigʻiga suyanib oldi. Yo Alloh, bu nima koʻrgilik boʻldi endi? Tuppa-tuzuk yuruvdi-yu! Bunaqada hademay oʻrnidan turolmay qolishi mumkin. Ungacha shom namozini hech boʻlmasa oʻtirgan koʻyi oʻqib olsa boʻlgani. Qornidagi burov yana qoʻzgʻaldi — qornini changallab, gʻujanak boʻlib oldi-da, ogʻriq yakun topguncha ingrab turdi. Ogʻriq oʻtib ketgach esa bir oz hansiradi.

Bilmagan odamga, shoʻrlik chol shuncha azob tortsayu, birovning hech yoʻq doʻxtir-poʻxtir chaqirmasligi gʻalati tuyulishi mumkin. Avval ham bunaqa holatlar koʻp boʻlgan va ba’zilarida «tez yordam» chaqirishgan yoki mashinaga oʻtqazib shifoxonaga olib borishgan, chora-tadbir qoʻllashgan, hatto, haytovur ogʻriq ham toʻxtagan. Biroq bu hol koʻp bor takrorlanganligi va har safar oʻz muddati yetmaguncha darddan forigʻ boʻlolmaganligi uni bu ortiqcha dahmazalardan bezdirib qoʻyganki, toki «doʻxtir» deyishlari bilan darrov rad etadi. Shuning uchun oiladagilar ham cholning xohishiga qarshi borolmaydilar.

Katta oʻgʻlini va qizlarini aytkizsamikin-a? Qoʻqqisdan ulgurolmay qolsa... Ularni bezovta qilib nima avzum (naf) topardi. Hammasidan rozi, Xudoga shukur, barchalarining tirikchiligi joyida. Mabodo aytkizguday boʻlsa ham, shoʻrliklar to otalarining joni uzilguncha besaranjom boʻladilar... Rostdanam joni uzilarmikin-a? Tavba, namuncha bu fikr xayolidan ketmay qoldi?.. Iimm-mm!.. Yana ogʻriq turdi...

Kampiri xontaxtaning ustiga dasturxon solib, uning istagiga binoan yarim kosa mastava olib keldi.
— Kichkinang kelmadi-yu, kampir? — deb qoʻydi u ojiz bir ovozda, ovqatini kavlarkan.

Shu payt molxona tomonda oʻrtancha oʻgʻlining sharpasi koʻrindi. Uning bir qoʻlida usti qogʻoz bilan yopigʻliq chinni kosa bor edi.

Kampir cholga to kichkina oʻgʻli haqida joʻyaliroq bir gap topib gapirguncha oʻrtancha oʻgʻil yetib kelib, salom berdi va kosadagi ovqatni dasturxonga qoʻydi.
— Bolalaring minan yeyavermabsan-da, bolam? — deb qoʻydi chol inqillab, lekin oʻgʻlining bu mehribonchiligi uning koʻnglini shu ahvolda ham erkalovchi bir epkin bilam mayin siypalab oʻtdi.
— Sizlar bilan oʻtirgim keldi-da, — derkan oʻgʻli kosaning ustidagi krgʻozni oldi — osh ekan.
— Mastava obkelaymi? — deb qoʻydi onasi shundoq gʻam mastava quyib kelish uchun oshxona tomonga yoʻnalarkan.

Cholning bir oz zardasi qaynadi, kenjasi haqidagi savoliga javob bermaganligi uchun kampirini oʻdagʻaylagisi keldi. Keldiyu, roʻparasida oʻtirgan oʻgʻlidan andisha qilib, ogʻiz juftlagani hamono toʻxtadi. Kuchanib qaddini rostladi va mastava quyilgan kosadagi krshiqni olib, oʻgʻlini oshga undadi:
— Qani, oshdan olaylik-chi! — nomigagina tatindi-da, yana yonboshlarkan, — Oʻzing olaver, — dedi krshiqni u tomonga surib.
— Hech boʻlmasa, mastavani iching, dada.

Chol javob berish oʻrniga ogʻriqdan bujmayib oldi...

Ovqatlanib boʻlishgach, u shom namozi taraddudiga tushib qoldi. Dasturxonga fotiha qilib, soʻri chetiga bazoʻr surilarkan:
— Joynamozni romga solib ber, kampir, — dedi xirillab. Endi u butunlay holdan toygandi.
— Oʻqimay qoʻya qolmaysizmi, chol? — kampir achinganini yashirolmadi.

Chol indamay bukchayganicha uy tomonga yurgach, kampir uning maqsadini anglab, yugurguday boʻlib undan oldin rom (oynavand ayvon)ga kirdi. Toʻriga joynamozni toʻshab, pastga tushayotganda, chol inqillab kelib, ayvondagi soʻri chetiga oʻtirdi. Hansiray-hansiray nafas olarkan:
— Kenjang kelmadi-ya?.. — deb qoʻydi entikib.
— Koʻcha-poʻchada oshnalariminan ushlanib qolgandir-da, — deya tasalli berdi kampiri.

Tahorat olishga holi kelmaganidan yonboshidagi pokiza bolishga ikki kaftini bosib, tayammum qilib qoʻya qoldi. Namozni oʻtirgan koʻyi oʻqigan boʻlsa-da, quvvati yoʻqligidan, ham oʻqtin-oʻqtin xuruj qilgan ogʻriqning zoʻridan ancha qiynaldi. Namozni tugatib, yonboshdagi toʻshakka chalqanchasiga choʻzildi. Qorin paylari boʻshashib, yoqimli jimirladi va shu bilan ogʻriq pasaygandek boʻldi.

Oradai hech qancha oʻtmay kampiri kirib kelib, choli yoniga omonatgiia oʻtirdi.
— Tuzukmisiz? — dedi sokingina, hatto, ovozi ham cholining oromini buzishidan choʻchinqirab.
— Hmm... Oʻgʻling kelmadimi? — deya soʻradiyu, oʻgʻlini koʻp soʻrayverishi kampiriga bachkanalikdek tuyulishidan istixola qildi va bu soʻroqlashlari oʻzining fe’liga zid ravishda boʻlayotganini sezib, qoʻshib qoʻydi. — Gapim boriydi-da...

Kampiri esa bu gapni oʻzicha tushunib, choʻchib tushdi, ammo bilintirmadi.
— Kep qolar... Oʻrtanchangizniyam uyingga oʻtib ketaver, dedim...
— Yaxshi qipsan... — Chol koʻzlarini yumib, tin oldi. Mana shu yoqimli sokinlik asnosida muntazam ogʻriq tufayli boʻm-boʻshdek gʻovlab qolgan miyasida olis xotiralar uzuq-yuluq gavdalandi-da, otasining farishtali siymosi tiniqlasha bordi. Rahmatli ajab hotamtoyi fe’lli odam edi. Koʻpincha ikkala oʻgʻli, ayniqsa, kenjasi boʻlmish bu bilan ovqatlanishni xush koʻrardi. Agar oʻgʻillari uyda boʻlmasa, gohida to ular kelgunlaricha ovqatlanmay, kutib oʻtirardi. Hammasidan ham uning krvun-tarvuz pishigʻi mahalidagi odatlari qiziq edi. Bozordan krplab tarvuz-krvun sotib olar va yelkasida koʻtarib kelardi-da, hovlidagi ariqchada shildirab oqayotgan suvga tashlab qoʻyardi. Birpas nafasini rostlab olgach, hamma bolalarini roʻparasiga davra qurdirib, oʻtkazardi-da, belbogʻidagi qindan kattakon pichogʻini chiqarib, salkam belkurakday keladigan panjalari bilan bolalari tarvuz desa, tarvuz, qovun desa, krvun soʻyib berardi. Oʻzi esa bir tilik yesa yerdi, boʻlmasa yoʻq, bolalarining shoshilib-shoshilib, kiyimlariga suvini oqizib yeyishlariga huzur qilib tikilib oʻtirishni yaxshi koʻrardi. (Otasining koʻzidagi oʻsha paytdagi mamnuniyatni, ta’bir joiz boʻlsa, gʻurugʻni unda tushunmagan, albatta. Uning holatini keyinchalik — Oʻzi ham ota boʻlib, otalik hissini tuygandan soʻng anglab yetgan.) Otasining qiyofasiyu, tanti fe’li mana shu kenjasida bor. Shundanmi yoki otasiga oʻzi oʻxsholmaganidanmi, shu oʻgʻlini boshqacharoq koʻradi. Kap-katta boʻlib qolgan boʻlsa-da, uning qiliqlaridan hali-hanuz zavqlanadi. Bu zavq betakror zavq ediki, uni faqatgina ota boʻlganlar, yana tagʻin oʻgʻil oʻstirgan otalargina his qilishlari mum-kin...

Yana ogʻriq turdi. Yuzi bujmayib, oyoqlari qorni tomonga bukilib, koʻzlarini ocharkan, uning halovatini buzishdan choʻchib, hamon jim oʻtirgan kampiriga «ana, yana boshlandi», deganday bir qarash qilib qoʻydi.
— Tuzukroq joy qilib beray, — deya oʻrnidan turgan kampir, uydan bolish va toʻshak olib chiqib, boshqa joy qildi. Soʻng uning qoʻltigʻidan olib, yangi joyga oʻtishiga yordam berdi.

Xufton namozini yuzini qiblaga qilib yotgan koʻyi imo-ishora bilan oʻqidi. Qariganda namozni qazo qilishdan qoʻrqdi. Chol namoz bilan ovora boʻlgan paytda kenjasi kirib keldi-da, toʻgʻri chekkadagi uy tomonga oʻtib ketdi. Hamisha ota-onasi bilan koʻrishib, soʻng oʻtib ketuvchi edi. Kampir uning indamay oʻtib ketishidan oʻzicha ma’no tushundi — mastmi, nima balo?! Cholining namoz bilan andarmonligidan foydalanib, oʻgʻlining ortidan kirdi. Kenjasi rostdan ham durustgina mast edi. U uyga gandiraqlab kirib, devordagi chiroq murvatini qoʻli bilan paypaslab topib, chiroqni yoqarkan, ortidan kirib kelgan onasini koʻrib, gavdasi u yoq-bu yoqka tebrangancha tirjaydi.
— Voy, bolam, ichvobsan-u?! — Kampir bu gapni tanbeh ohangida aytdi.
— Hmm, ichdim!.. Bugun oshnalarim minan bi-ir yozildik, buv!.. — U yonboshidagi oʻzi yotadigan karavotga oʻtirdi. — Omma dadam bilmasin, boʻptimi?.. — deya qoʻshib qoʻydi past ovozda.
— Dadang seni soʻrayotuvdi-da, bolam.
— Yoʻ-oʻq... Bu ahvolda kirmiyman. Hali kelmadi, deb qoʻya qoling.

Kampir ortiga qaytdi. Chol esa namozii tugatib, koʻzlarini yumgancha tez-tez nafas olib yotardi. U kampirining kirganini sezdi.
— Oʻgʻling kelmadimi?

Kampir yolgʻon gapirishga iymanib, bir oz kalovlandi.
— Yoʻq hali kelmadiyu...

Chol nimanidir payqaganday boʻldiyu, toliqqan shuuriga «mastdir-da» degan fikr toʻyqus urildi-da, choʻzib, «Xudoga shukr» dediyu, yana koʻzlarini yumdi.

Tinimsiz ogʻriqdan cholning tinka-madori quridi. Shu asno butun tanasi ham tarang tortishib, ogʻrishga tushdi. Axiyri rangi oqarib, peshanasidan sovuq ter chiqib ket¬di. Shu ahvolda ham bir necha marta oʻgʻlini soʻradi. Kampir har safar «hali kelmadi» deyish bilan birga fursat topib, kenjasidan xabar olib qaytdi — u tirrak qotib uxlardi.

Cholning peshanasidan sovuq ter chiqib, yelkasi bilan nafas ola boshlaganda kampiri qoʻrqib ketdi, shoshib oʻgʻlining oldiga chiqib, uni turtkilab yurib uygʻotdi. Oʻgʻli uyqusirab, «bu ahvolda dadamning oldiga chiqmayman», deb turib oldi. Haqiqatan undan gupillab aroqning hidi ufurardi.
— Dadang boʻmay qoldi, bolam! — dedi oxiri onasi iltijo qilganday.
— Xoʻp, hozir chiqaman, — dedi onasining iltijosidan bir seskanib tushgan oʻgʻil.

Onasi chiqib ketdi. U oʻrnidan turib, beligacha yalangʻoch boʻlib yechindi. Sochigʻini olib tashqariga chiqdi. Aroqning kuchidan gʻovlab ketgan boshi toza havoda xiyla yengil tortdi, lekin baribir hamon kayfi tarqamagandi. Koʻksini toʻldirib bir-ikki nafas oldi-da, ariqcha yoniga bordi. Sochigʻini soʻrtok ustuniga ilib, muzdek suvga qoʻl soldi. Soʻng suvni shopirib-shopirib, atrofiga sachrata-sachrata yuvinishga tushdi. Musaffo suvning tarovatidan tanasi tetiklashib, butun hujayralari uygʻona boshladi...

U huzurbaxsh bir kayfiyatda romning eshigi oldiga yetganda onasi qoʻli bilan imlab uni ortiga qaytardi.
— Uxlab qoldi, — dedi oʻgʻliga ergashib tashqariga chiqqach. — Endiyla bomdodga uygʻonadi... Damingni olaver.

Onasi yana qaytib, cholining yoniga kirib ketdi. U esa nima qilishini bilmaganday beixtiyor soʻri oldiga keldi. Endi uyqu kelarmidi, deya oʻyladi oʻzicha, ammo oʻzida ajib bir yengillikni his qilmoqda edi. Shu payt molxona tomonda yiltiragan tamaki choʻgʻiga koʻzi tushdi va odam sharpasini sezdi. Akam shekilli, deb oʻyladi-da, oʻsha tomonga yurdi. Aka-uka qari va qadrdon oʻrik ostida koʻrishdilar. Odam sharpasidan uyqusi buzilgan mol-qoʻylar bezovtalandi, sigir choʻzib bir pishillab qoʻydi.
— Kech keldingmi? — deya soʻradi akasi odatiy dagʻalroq ovozda tamakisini soʻnggi bor soʻrib, qoldigʻini bir chetga uloqtirarkan.
— Hmm...
— Uyida keksasi bor odam ichmasligi keraqligini bilardingu!.. — Akasi bu gaplarni nasihatomuz yoki donolarcha ovozda emas, shunchaki aytayotgandek gapirardi.

Ular jim qoldilar.
— Uxlamadingizmi? — deya soʻradi akasidan jimlikni buzib.
— Qayoqda!..
— Kirib damingizni olavering, hademay ishga borarsiz?.. Dadam ham uxlabdi.

Akasi indamay nari ketdn. U soʻriga borib, chalqancha choʻzildi va oqarib kelayotgan osmonga tikildi. Shu qisqa umri mobaynida tungi osmonga koʻp bor termilgan, lekin hech qachon hozirgidek holatga tushmagandi. Shoirlar har narsadan oʻzlaricha ma’no topishadi, deyishardi. Hozir oʻzini oʻshalarga oʻxshatib, bir oz kulgisi ham qistadi. Ana, oqish osmonda jimirlayotgan son-sanoqsiz yulduzlarga boqarkan, oʻzini juda-juda baxtiyor sezib, judayam yashagisi kelib ketdi. Darhaqiqat, osmon nihoyatda bepoyon va shuningdek, ulugʻvor edi. Biroq u hamda goʻdakning kulgisidek koʻzini yashnatuvchi anovi yulduzlar ham sodda va oddiy koʻrinardi. Xuddi otasiga oʻxshab. Ha, otasi u va aka, opalari uchun juda ulugʻvor, shu bilan birga tuproqday sodda ham oddiy edi. U hozir aynan shu narsani xayolidan oʻtkazarkan, uning hayotida otasining katta oʻrni va oʻsha oʻrnining ulkan ma’nosi bor ekanligini his etdi. Barchalari otasini juda-juda yaxshi koʻrishardi, qadrlashardi va unga suyanishardi. Ammo bu gap hech qachon tillariga chiqmagan. Taomili shunday boʻlgach...

Uning xayollari adogʻsiz edi. Agar otasining ovozidan oʻyi uzilmaganda, bu yotishi yana qancha davom etardi, noma’lum... Irgʻib oʻrnidan turib, otasiga peshvoz chiqdi.
— Assalomalaykim, dada. Tuzukmisiz?

Otasi xiyla bardam koʻrinardi. Tungi ogʻriqlardan ancha horigani sezilib tursa-da, ruhiyati bir qadar tetik edi.
— Kebsanu, bolam, — dedi chol «men ham yaxshi boʻp qoldim» qabilida.
— Tahoratga suv qib beraymi? — deya soʻrarkan dadasining rozilik ishorasini olib, oshxona tomonga ketdi. Koʻp oʻtmay obdastada iliq suv bilan qaytib keldi.

Chol tahorat olib qaytgach, rom soʻrisiga chiqarkan, unga ham hayrat, ham xursandlik bilan boqib turgan kampiriga dedi:
— Kechqurungi ovqatingni isitib tur, rosa qornim ochdi.

Chol bomdod namozining sunnatini ertaroq — azondan avvalroq oʻqir, undan oldin esa bir necha rakat nafl namozlarini ham ado etardi. Hozir ham bomdodgacha bir oz vaqt bor edi, tunga qaramay, namoz oʻqishga kirishdi. Endi namozni bemalol risoladagidek oʻqidi. Namozni tugatganida kampiri dasturxon yozib, ikki kosa ilitilgan mastavani ham olib kelib qoʻygandi.

Chol-kampirning davrasiga oʻgʻil ham kelib qoʻshildi. Cholning koʻzlari olayib, ichiga tortilib ketgan boʻlsa-da, endi kishiga muloyim boqar, yuzi ham tabassumdan yorishib koʻrinardi.
— Bu mastavani adabini mana endi beramiz-da, kampir! — dedi chol ovqatini kovlarkan, hazilkash ovozda.

Ovqatni tanovul qilib boʻlgunlaricha qariyb gapirmadilar. Nihoyat choyga zoʻr berarkan, chol qaddini tiklab, dedi:
— Bilasanmi, oʻgʻlim, men seni nima uchun yaxshi koʻraman? Onang aytgandir?.. — U kampiriga birrov qarab qoʻydi.

Oʻgʻil buni juda yaxshi bilardi, lekin savolga «yoʻq» deb qoʻya qoldi.
— Bilmasang, bilib qoʻy — sen otam rahmatliga judayam oʻxshaysan, shuning uchun. Akam rahmatliyam, men ham unchalik oʻxshamaymiz opoqdadangga.

Chol jim qolib, bir-ikki hoʻplam choy ichdi.
— Biram chanqayabman-da, — dedi keyin oʻziga oʻzi gapirayotganday.
— Charchoqniki-da, — deb qoʻydi kampir sekingina.
— Kechqurun senga aytadigan gaplarim juda koʻpiydi. — Endi chol salobat bilan gapira boshladi. — Mabodo oʻlib-netib qolsam.,.. — Bunaqa hasratli gaplarni gapirish uning fe’liga yot edi, shuning uchun qoʻshib qoʻydi. — Xudo xohlasa, haliveri oʻlmayman-u... Qirqim chiqishi minan toʻyingni oʻtkazishga qarshi boʻlmagin demoqchiydim... Meni aytganimni qilasanmi, xumpar? — Oʻgʻliga hazil aralash zoʻraki poʻpisa qildi. — Tomorqa haqida avval ham gapirganman...
— Boʻldi, qoʻying, otasi, kechqurun qoʻrqitganingiz ham yetar, — dedi kampir erka bir ovozda.

Chol jim qoldi. Oʻychan qiyofada birpas oʻtirdi, soʻng yuziga tabassum yugurdi.
— Akam rahmatli minan bir qizik voqea boʻgandi. Amakingni eslaysan-a?..
— Hmm.

Chol fikrini jamlash uchun ozgina tin oldi.
— Bir kuni akam rahmatli, u kishining doʻsti... haligi rahmatli Rayimjon buvang bor ediyu, u kishi va men Rayimjon akaning oʻgʻlini mashinasida shaharga kasal koʻrgani bordik. Qish mahali edi. Sovuq. Tushgacha ancha ochqab, sovqotib qoldik. Qaytishda akam oʻgʻliga shoʻrva tashlatib qoʻyganligini aytib, uyigʻa taqlif qildi.
— Rosa qaynagandir, jonivor, — dedi odamning havasi keladigan qilib.

Rayimjon aka akamning prontovoy doʻstiydi, ular bir-birlarining gaplarini qaytarishmasdi. hoʻllas, akamnikiga bordik. Rostdanam sandalning oʻti gum, shoʻrva tayyor ekan. Oʻgʻli dasturxon yozib, choy-poy quygach, bir kosadan shoʻrva olib kirdi. Ikkala prontovoy shoʻrvaga shoshilmay non toʻrgʻashdi. Biz Rayimjon akaning oʻgʻli ikkovimiz ovqatni yarimlatdik hamki, ular tek oʻtirishaverishsa, degin. Mundoq razm solsam, ikkalovi bir-biriga ma’noli qarash qilishib, bezovtalanishmoqda. Har zamonda Rayimjon akaning oʻgʻliga gʻalati moʻltirashib qoʻyishadimi-ey. Bir narsani sezganday boʻldim...

Chol miyigʻida kulib, shoshilmay choy xoʻpladi. Soʻng tomoq qirib olgach, yana hikoya qilishga tushdi.
— Akam dangalchi odam edi, bilasan. Axiyri chidamadi shekilli, Rayimjon akaning oʻgʻlini haydagandan beri qildi.
— Shoʻrvayni tezroq ichib bor, moshinangni u yoq-bu yogʻiga qara-chi? — dedi betoqatlanib.

Bola bechora chollarning gapiga qiziqib, ham sandalning issigʻida maza qilib oʻtirgan edi, Lekin otasiday boʻlib qolgan odamning gapini ikki qilarmidi, shoshib kosasini boʻshatdi-da, chiqib ketdi. U chiqib ketishi bi¬lan akam rahmatli sandalning chetidan bir shisha araq chiqardi. Menga «xafa boʻmaysan endi, qori», deb qoʻydi-da, piyolalarga qoʻyadi. Men namozxon boʻlganim uchun istixola qildi shekilli-da... Endi ular prontovoy odamlar, har zamonda ichib turishardi. Shunga oʻrganishgan-da. Ommalekin namoz oʻqishardi...

Chol yana jim qoldi. Nimalarnidir mulohaza qilib, picha oʻychan turdi. Keyin:
— Bilaman, sen ichmaysan, — u oʻgʻliga qaramay gapirar, ammo bu gapidan keyin uning bir bezovtalanganini sezib oʻtirardi. — Lenin oʻgʻilni otaning suhbatidan, otani oʻgʻilniig diydoridan mahrum qiladigan haligi narsani ichmagan ma’qulmikin. Har tugul ichadigan oshnalaringga aytib qoʻygin deyman-da.

Oʻgʻil yer qadar egilib borardi...

Shu payt azon ovozi zshitildi. Chol yana bir piyola choy ichdi-da, dasturxonga fotiha qilib, oʻrnidan turdi. U bomdodning sunnati va farziga alohida-alohida tahorat olishga odatlangandi. Buni bilgan oʻgʻli yugurib borib, yana yangi suv tayyorlab keldi.

Chol yanada bardam yurish bilan soʻrining oldiga bordi. Tahorat olishga choʻnqayarkan, rom eshigidan kirib borayotgan oʻgʻliga intiq bir nigoh tashlab qoʻydi... Oʻng qoʻlining chigʻanogʻiga suv oqizayotganda qorni aralash chap biqinida bir narsa keskin tarzda «shilq» etdi-da, yuragining ostiga urdi. U bu kuchli siltanishdan beixtiyor oʻrnidan turib ketdi va ortiga xiyol ogʻib, soʻri chetiga oʻtirib qoldi. «La ilaha illalloh», deya pichirladi lablari va koʻzlari agʻdarilib, tagidagi kirchimol toʻshakka ohista choʻzildi...

2002