OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nabi Jaloliddin. Ota (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiOta (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm25KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/05/22
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ota (hikoya)
Nabi Jaloliddin

Hov naridagi koʻprik ustida qiy— chuv qilib oʻynayotgan bolalarning ovozi xayolini boʻldi. Daryo uzra yoʻl solgan bu koʻprik uning bolalik paytlarida hali qurilmagandi, odamlaru ot— ulovlar kechuvdan oʻtishardi. Yillarning shitobligini qarangki, qirq yilning nari— berisida qurilgan mana shu koʻprik ham goʻyo azaldan bor boʻlganday tuyuladi. Tinmay qiyqirayotgan anovi tirmizaklar bu haqda oʻylab ham oʻtirishmaydi, ularga oʻyin topilib tursa bas. Nima, sen bola boʻlmaganmisan, deya yandi oʻzini oʻzi, oʻynamaganmisan? Oʻynagandayam barchani besaranjom qilib oʻynarding — shoʻx eding— da. U bilinar— bilinmas jilmaydi. Mana shu tezoqar daryoning bu betidan narigi betiga hatto oʻn— Oʻn ikki yasharligidayam bemalol suzib oʻta olardi. Endi esa goho suvga qoʻl solgani ham oʻylanib qoladi. Tavba, hozirgi anhoru daryolarning suvlari biram sovuqki... Avvallari soatlab suvdan chiqmasdi. Yo odam qariganda eti yupqalashib ketganidan shunday tuyularmikan— a?.. Daryoning narigi sohiliga intiq tikildi. Hozir ham suzib oʻta olsa kerak. U yana jilmaydi: xah koʻngil qursin— a, qarilikni hech tan olgisi kelmaskan— da. Oʻng oyogʻining paylari bir tortishsa bukilmay qoladi— yu, daryoda suzarmish. Uyogʻini soʻrasangiz, hatto kechasiyam junpaypoq kiyib yotadi. Shu payt oʻng oyogʻi huddi meni esingdan chiqarma, deganday xiyol zirqirab qoʻydi. Oyogʻini uzatib, tizzasining atrofini kafti bilan bir pas uqaladi. Soʻng chap qoʻlidagi tasbehini bilagiga oʻtkazib, «yo Olloh», deya biroz kuchanib oʻrnidan turdi. Hali belini toʻla tiklamayoq oʻng qoʻli bilan qaymoqrang chakmonining etagini qoqdi va tasbehini oʻng qoʻliga olib, ortiga qayrildi— da, picha enkaygan koʻyi qiyalikdan koʻtarila boshladi. Koʻtarilarkan, doʻppisini goʻyo yechmoqchiday bir qoʻzgʻatib, toʻgʻrilab qoʻydi.

Haligina uzoq oʻtirganidan oyoqlari uvishib, yurishi ogʻirlashgan chol darvozadan dadil qadamlar bilan kirib keldi. Hovli ancha katta, uylari juda unaqa hashamatli boʻlmasa— da, serxona edi. Hamma narsa oʻz oʻrnida — saranjom— sarishta, koʻzga hunuk koʻringuvchi biron narsa yoʻq.

U soʻritok ostidagi ulkan soʻrining bir chetiga kelib oʻtirdi. U yoq— bu yoqqa qarab, kalta oqish— kulrang soqolini siladi. Shunday katta dargohda hech kim qolmadimi, nima balo?.. Zum oʻtmay, chetroqdagi uydan kampiri chiqib keldi.
— Nimcha ( namuncha) hammayoq huvillab ketibdi? Churvaqalaring qani? — dedi u kampiri yoniga yetib kelmasidan, goʻyo hozir bolalarning shovqin— suroni boʻlmasa nafasi qisib qoladiganday betoqatlanib.

Kampiri ham kelib, soʻriga oʻtirdi.
— Ikkita tirmizagingiz koʻchada oʻynayapti. Kelin jijisiminan uyda, ish tikyapti — derkan yuziga yarashiqli jilmaydi. — Oʻzi uyimizda shugina odam bor xolos. Ja huvillab ketayotgan boʻlsayiz nevara keliniyzi obkevolaylik.

Kampirining erkalik bilan aytgan bu gapi cholga ma’qul koʻrindi.
— Toʻgʻri aytasan... — keyin nimadir esiga tushganday soʻradi, — Oʻgʻling qani?
— U bekorchipolvon yo uxlaydi, yo dilbuzar koʻratta. Uyda erkatoyiz, qayda boʻlardi. — Birdan kampirning yuzi jiddiy tus oldi.

Chol ham buni payqadi.
— Hmm, tinchlikmi?
— Darrov siqilib qolmangu, otasi, Hamidilloyiz ish koʻrsatib qoʻyibdi. — dedi kampir uning koʻziga xavotirli tikilarkan.

U sergak tortdi.
— Nima qipti?
— Kecha xotinini urganakan, onasinikiga ketib qopti.
— Nimaga uripti?
— Chalaragʻ eshitishimcha, arzimagan gap ekan. Qoʻshnining tovugʻini deb...

Chol biron tadbir oʻyladimi, bir pas jim qoldi, soʻng:
— Oʻgʻliyni chaqir, moshinani yurgizsin.— dedi buyruq ohangida. — Borib keliniyni uyiga obkeb qoʻy— da, moshinani menga joʻnat. Oʻzim borib, ashi xotin uradiganminan bi— ir gaplashib qoʻyay.

Kampiri itoatkorona bosh egib, oʻrnidan turdi.

Uning yetti oʻgʻil, bir qizi bor. Eng kenjasi qiz. Hamidullo degani oltinchi oʻgʻli. Oʻzi haydovchi, kirakashlik qiladi. Yemoq— ichmogʻi joyida, juda unaqa er— xotin urishadigan ahvolda emas. Umuman uning xonadonida— yu farzandlarining oʻrtasida bir— ikki yengil— yelpi qoʻydi— chiqdilarni hisobga olmaganda hech qachon janjal boʻlmagan. U shunday tarbiya bergan, chunki azali baqir— chaqir qilib yetti mahallani boshiga koʻtaradigan oilalarni yoqtirmaydi. Ahillik, baraka— xotirjamlikda, deydi...

Toʻngʻich oʻgʻli mana shu xoʻjalikda rais, ota kasbini qilib, yer bilan oshno tutindi. Ikkinchi oʻgʻli katta odam — vazir, Toshkentda yashaydi. Keyingi ikki oʻgʻli — muallim. (Ularning biri maktab direktori.) Undan keyingisi gazetada ishlaydi — jurnalist. Kenjasi boʻlsa, gʻirt bekorchi, otasi olib bergan mashinada koʻcha kezgani— kezgan. Shu bahona chol— kampirning xizmatini ham qiladi. Otasi uni juda unaqa tergayvermaydi — kenjatoy— da, mayli, esi kirguncha yayravolsin, deydi. Aslida eng erkasi bitta— yu bitta qizi — Gulira’no, ya’ni cholning «Chaman qizi». Uni turmushga berishgan, oʻzidan tinchib oʻtiribdi...

Kampiri bilan oʻgʻli chiqib ketishgach, hayhotdek hovlida bir oʻzi qolib, qulogʻi battar huvilladi. Nevaralarni obkeltirmasam boʻlmaydi shekilli, deya oʻylab qoʻydi. Bu noxush sukunatdan qutilish uchun oʻrnidan turib, chakmonini yechdi— da, ketmonni olib,tomorqaga tushdi. Keng tomorqaning yarmi anorzor edi. Qolganiga turli mevachevalar, ularning ostiga esa kunlik zaruriy yeguliklar ekilgandi.

U koʻylagining yengini shimarib, eski odaticha kaftiga tufladi— da, «yo bismillo», deya xiyol avj olib qolgan pomidor koʻchatlarining ostini chopishga tushdi...

Kenjasi onasi bilan qaytib kelganida u endigina asr namozini tugallagandi.
— Keliniyzi uyiga tashlab keldim. — dedi kampiri nafas rostlash uchun soʻri chetiga oʻtirarkan.

Bu orada jijisini koʻtarib uydan chiqqan kenja kelin bazoʻr eshitilguvchi muloyim ovoz ila qaynonasidan soʻradi:
— Nima ovqat qilamiz, buvi (ona)?

Kampir eriga qaradi.
— Qanaqa ovqat qilaylik?

Chol darvoza tomon oʻychan yurarkan, ohista qoʻl siltab, dedi:
— Bilganlariyni qiliynar...

U oʻgʻli Hamidulloning darvozasi oldida toʻxtagan mashinasidan hali tushib ulgirmasidan ikki kichkintoy nabirasi yugurib kelib, unga yopishdilar.
— Hah, toychogʻlarim, bormisilar? — chol nabiralarining peshonasidan oʻpib, yoʻldagi doʻkondan olgan bir juft konfetni, ularga tutdi. — Manovi sizlarga, shirinlarim. — ikkovini ikki yonida yetaklab, darvoza tomon yurdi.

Kenjasi allachon mashinadan tushib, darvozaxonada otasini kutib turgan akasiga hazilomuz qilib, xabar berdi:
— Prizdent kelyapti, aka, bardam boʻling!

Aka— ukalar otalarini orqavorotdan hazillashib Prezident, deya atashardi. Buni chol ham biladi, goho bu gap qulogʻiga tushib qolsa, indamay miyigʻida kulib qoʻyadi xolos. Ha, nima, otasini Prezident deyishsa yomonmi?

Chol nevaralarining yetovida mayda qadamlab darvozaxonadan kirib borarkan, peshvoz chiqqan Hamidullo bilan koʻrishdi.
— Bormisan— ye, bolam? Nima, bu bizikida koʻrinmay ketding?

Oʻgʻil yuz— koʻzu boshi bilan qandaydir ishoralar qildi— yu, ammo biron soʻz aytolmadi. U otasiga ham hadik bilan, ham xijolatli moʻltirab qoʻyardi.

Soʻriga oʻtirdilar. Uydan soʻlgʻin qiyofadagi kelini chiqib kelib, koʻrishdi. Yuzlariga fotiha tortdilar.
— Tinchlikmi, oʻgʻlim? — deya soʻz boshladi chol bir pas jim turgach, muloyim ovozda.

Hamidullo ham, tik turgan kelini ham yerga qaradilar. Kenjasi ohista oʻrnidan turib, koʻchaga chiqib ketdi. Janjal tovuqdan chiqibdi. Qoʻshnining tovuqlari ularnikiga oʻtib, yangi ekilgan ekinlarni choʻqib tashlaganiga chidolmagan kelini qoʻshni ayolga qattiqroq gap qilibdi. Uyogʻiga xotinlarcha dahanaki jang boshlanibdi. Ishdan kelib, voqeadan xabar topgan Hamidullo xotiniga tushuntirmoqchi boʻlibdi:
— Qoʻni— qoʻshni bilan bunaqa qattiq urishib boʻlmaydi, xotin.— debdi.

Haliyam xovuridan tushmagan xotini erining gapidan battar tutoqib, bidillab beribdi:
— Siz doim meni soʻkovrasiz. Ashinchun qoʻshnilar ham hovliqib, bizi tepalab oʻynayapti. Boʻlmasa, uning tovugʻi menikiga kirdi. Shundayam past kelay demaydi— ya!..

Xullas, xotin u debdi, er bu debdi. Axiyri Hamidullo oʻzini tutolmay, shapaloq tortib yuboribdi.

Chol bu gaplardan xabardor edi. Hali kampiri aytib berdimi yoki bu yoqqa kelishayotganda kenjasi yetkazdimi, hozir eslolmaydi.
— Qoʻshniminan urishma, deganing ma’qul, bolam. Ommalekin buning uchun xotiniyni urganing, chakki. — Chol bir toʻxtalib oldi.— Ayol kishiga qoʻl koʻtarish eng noma’qul ish. Ayniqsa, manovilarning oldida. — U ikki yonboshida yuz— qoʻllarini shilta qilib, konfet soʻrayotgan nevaralariga ishora qildi.

Kelin oʻz qilmishidan xijolat boʻlarmidi yoki doimo adolatli hukm chiqarguvchi qaynotasining gaplari va ehtimol uning qilmishi uchun biron soʻz aytolmay mungʻayib oʻtirgan erining ahvoli ta’sir qildimi, battar egilib borardi.
— Tirikchiligiynar yaxshimi ishqilib? — soʻradi chol oʻgʻliga qattiqroq tikilib.
— Yaxshi. — dedi Hamidullo sekingina, — Kamchiligimiz yoʻq.
— Unda urishmaynar. — Xudoga shukur deb yashaynar. Boʻlmasa, uyinardan baraka qochadi. Yana tagʻin bizi urugʻimizda bunaqa janjalkashlar yoʻq. — Chol bir muddat jim qoldi, soʻng, — Oʻgʻlim, yana bir marta xotiningga qoʻl koʻtarsang, men sendan qattiq ranjiyman, boʻptimi?

Oʻgʻil yerga qaragancha boshi bilan tasdiq ishorasini qildi. Kelin esa, qaynotasining faqat oʻgʻligagina tanbeh berganidan adoi tamom boʻlgandi — buning oʻrniga yana bir shapaloq yesam mayliydi, deya qaqshab turardi.
— Boʻpti, boʻlmasa, men qaytdim. — deya yuziga fotiha tortgan chol oʻrnidan turdi. — Meni shirin bollarimi biznikigayam olib oʻtib turiynar. — dedi nevaralarining boshini silab.
— Osh yeb keting, ota. — deya oldi kelin arang, juda past ovozda koʻzini yerdan uzmay.
— Rahmat, qizim, boshqa safar.

Chol mashinaga oʻtirganda qulogʻiga yana haligi huvillash urilganday boʻlib,yuragi malollandi.
— Bozor kuni oʻn birga hamma akalariyni biznikiga maylisga toʻpla. — dedi u kenjasiga hazilomuz, ammo bolalarini, ularning birga oʻtirishlarini sogʻinganligini bilintirmadi. — Hammasini chaqir.
— Xoʻp boʻladi, shef. — deya erkalangan kenjatoy ulovini yurgizdi...

Yakshanba kuni ertalabdanoq katta hovli gavjum boʻla boshladi. Cholning oʻgʻillari, kelinlari bolalarini yetaklashib, birin— ketin kirib kelishdi. Uning kutgani shu edi — quloqlari bolalarining shovqiniga toʻlsa, uyiga fayz kirib, bagʻri ham toʻlardi.

Kelinlari uy ichida qaynonalarini qurshadilar. Kichkintoylar hovlining u yer— bu yerida oʻyin bilan band boʻlsalar, goh koʻchaga yugurib qoladilar. Oʻgʻillari esa uning yonida — katta soʻrida davra qurdilar. Dasturxon tuzayotgan kenjasi birdan gʻoz turib, oʻng qoʻlini kulgili holatda chakkasiga olib bordi— da, cholga qarab harbiycha ovoz bilan qattiq— qattiq gapira ketdi:
— Janob prizdent, ministriyizdan tashqari barcha oʻgʻillariyiz jam boʻldilar. Ministr chet eldaykan. Chamaningiz qiz bola boʻlgani uchun aytkizmadim. Hisobot beruvchi — kenjatoy.

Hammalari kuldilar. Chol ham oʻgʻlining qiligʻidan zavqlanarkan, qoʻshib qoʻydi:
— Chamanni aytkizmadim, deb xovliqma. — ota bu hazili bilan kenjatoy oʻgʻli va yolgʻiz qizining tegishishib kenjalikni talashishlariga ishora qilayotgan edi. — Chinakam kenjani buviyni oʻzi chaqirtirgan. Hali zamon kelsin, adabiyni beradi.
— Siz borsizu, ota. Biz axir sizi lashkariyizmiz. — Kenjasi choyni qaytararkan, tagʻin erkalandi.

Shu asno ota— bolalar hazil— huzul ila bir— birini chindan ham sogʻinganliklarini sezdirib oʻtirardilar.
— Ministr chet elga ketibdimi? — chol pastga qarab mayin jilmaydi, bagʻrini esa sogʻinch xiyol tirnab oʻtdi.
— Davlatchilik— da, ota.— deb qoʻydi toʻngʻich oʻgʻli taskin berganday.
— Gaping toʻgʻri — davlatchilik. — Keyin xotiraga berildi va juda koʻp bor aytgan gapini balki yuzinchi bor yana oʻshanday ehtiros ila takrorladi. — Qara— ya, hamma gapga farishta omin derkan— da. Kichkinaligida nuqul ministr boʻlaman, deb kuldirardi. Mana, rostdanam ministr boʻp ketdi...
— U paytda bollar bilgan eng katta amal shu edi— da. — deya kulib gapga qoʻshildi jurnalist oʻgʻil, — bollar bosh sekretar, birinchi sekretar deganlarini bilishmasdi. Oʻsha paytda prezidentlik boʻganda, akam ham prezident boʻlaman, deb yurib, rostdanam prezident boʻp ketarmidi.
— Bilaman, hazil taypa (hazillashib demoqchi) qilib meniyam prizdent deyishasan. — Chol jiddiylashdi, — mayli— yu, akalaring katta odam, prizdentimizga yaqin yuradi. Shu odamdi uyida mashnaqa deb hazillashisharkan, degan gap poshshomizni qulogʻiga tushsa, akangga gap tegib qomasin tagʻin.

Endi hazilni uncha xushlamaydigan direktor oʻgʻli dedi:
— Gapiyiz toʻgʻri— yu, ota, ommalekin prizdentimizi ota, sizi boʻlsa, prizdent desak, buni nimasi yomon?
— Baribir qiymati oʻzgarmaydi— yu, deng! — deya gap qoʻshdi oʻqituvchi oʻgʻil, jilmayib.

Chol Hamidulloga qaradi — u tunov kungi voqea ta’siridami, boshqacharoq boʻlib oʻtirardi. Shuning uchun ota shu oʻgʻliga qarata dedi:
— Qani, dasturxonga qaraynarchi. Ol, Hamidillo! Senam gapirib tur, bolam.
— Bilassu, ota, biz shopir odam, uncha gap bilmaymiz. — Hamidillo otasining kayfiyatini buzib qoʻymaslik uchun soʻzini hazilga burdi. — Gapirishti, mana jurnalistlarga, domlalarga chiqargan. — dedi kulib akalariga ishora qilarkan.
— Olasan— a!.. Ha, gap bilmaysan— a! Koʻchada abtamatsanu, ja beyda sipolik qilasan. — deya aksilzarba berdi jurnalist.

Barcha kuldi.

Chol yana ministr oʻgʻlini esladimi, gapining paynovi tagʻin oʻsha yoqqa burildi:
— Ministrimizi sinbdosh oshnasi boru — Joʻravoy...
— Hm— m... — otasiga choʻgʻ tashladi rais.
— Ashi bir kuni nima deydi, degin!
— Nima deydi? — kenjatoy yana otasiga erkalandi.
— Kenja oʻgʻlim nuqul prizdent boʻlaman deydi. Oshnam ministr boʻlaman dovrib, ministr boʻp ketdi. Meni bolam ham shunaqa deb yurib, prizdent boʻp ketsa— ya, deydi, qara. — Chol oʻz gapi oʻziga nash’a qilib, kuldi. — Yaxshi niyat yaxshi— da, dedim. Kechroq koʻrgan yetti— sakkiz yashar oʻgʻli bor ekan— da.
— Yaxshilarga intilsa, yaxshi boʻlatta. — dedi jurnalist tagdor qilib. — Ammo yashash ja ogʻir boʻp ketdi— da...
— Gazitada boʻlakcha yozassu, aka. — qitmirona tirjaydi Hamidillo.
— Ha, endi u gazita— da ... — deb qoʻydi jurnalist oʻzini oqlaganday.
— Bu gaping xato, bolam. Koʻrdiymi, sen oʻz ishingga yurakdan, halol yondashmaysan. Oʻzingga oʻzing ishonmaysan. Manashi bizi millatti eng katta qusuri. — Chol endigina avj pardaga chiqayotganda darvoza tomonda goʻdagini koʻtargan qizi koʻrindi.
— Ana-ana, Chaman qizim keldi! — deya shodon hayqirib, oʻrnidan turdi.

Kenja oʻgʻil ham shahd oʻrnidan qoʻzgʻolib, shoshib singlisining qoʻlidan bolasini oldi va uning otasi bilan bemalolroq koʻrisholishi uchun imkon yaratdi.

Ota qulochini yozib, qizini bagʻriga oldi.
— Keldiymiey, opoq qizim? — deya uning peshonasidan oʻpdi.

Chaman qiz ham mehribon bagʻrga kirgach, ehtiroslandimi, otasining pinjiga battarroq suqilib, koʻzi yoshlandi:
— Sogʻinib ketdi-im, otajon! — dedi chiyillab, ham kulib, ham yigʻlarkan.
— Ie-ie, ona qizim, keb ketganingga endi ikki hafta boʻldi-yu. — otasi uning yuz-koʻzlarini siladi.
— Baribiramta!.. — Chaman qiz otasining quchogʻidan erkalik bilan sugʻirilib, yiltiragan koʻz yoshlarini kaftida artdi va birin-ketin akalariga qoʻl uzatdi.
— Ha, rais buva, qalaysiz? Oʻzimmi domla akalarim!.. Ha, yozuvchi, yozib yuribsizmi?.. Bunisi endi taksist akam. Manovisi boʻlsa, samazvanets... — U bu gapi bilan kenja akasining kenjalikni talashishiga ishora qilayotgan edi.
— Bor-bor, uyga kir, bu yerda men kenjaman. -deya kenja oʻgʻil zoʻraki poʻpisa qildi.
— Men obshiy kenjaman, bildiz!

Bu orada qaynonasiga ergashgan kelinlar uy eshigi oldida Chaman qizni kutib turishardi...

Ayollar uyga kirib ketishgach, shovqin ham tindi. Erkaklar davrasi esa gap boʻlinganligi uchun biroz sukutga toldi.
— Nima deyotuvdim? — soʻradi chol bolalari bilan rosayam gaplashgisi kelayotganligini yashirmay.
— Menga gapirayotuvdiyz? — dedi jurnalist otasiga yordam berib, — Nima boʻgandayam,bizda soʻzimiz ishimizga toʻgʻri kemaydi-da, ota.
— Xoʻsh, nega shunaqa? — endi ota yoʻqotgan gapini topib oldi. — Chunki, masalan, mana sen. Oʻzing bir narsani oʻylaysan-da, boshqa narsani yozasan. Yozayotgan narsangga oʻzing ishonmaysan. Ishonmasang, yozma. Hatto bironta amaldorga hamdu sanoni ham oʻzing ishonmasang, yozmagin. Ana, unda gapimiz bilan ishimiz toʻgʻri boʻladi.

Jurnalist oʻgʻil otasiga yana nimadir demoqchi edi, u kishining oʻylanib qolganini koʻrib, oʻzini tiydi.

Birozdan soʻng chol yana gapga tushdi:
— Paygʻambar alayhissalomda bir hadis bor ekan: «Kim nimani niyat qilsa, albatta ashi niyatiga yetadi», deydilar ul zot. Demak, eng avvalo niyatni yaxshilash kerak ekan. Sizlarchasiga aytganda, oldin rejani, maqsadni toʻgʻri tuzvolish lozim. Bizda koʻpchilik huddi ertaga hayot boshqacharoq boʻladigandek, ashi boshqacha hayotniyam birov qurib beradigandek, bugunga ishonmay yashaydilar. Yoʻq, bollarim! Masalan, silar mening atrofimda birlashib, niyatiyizni mening yaxshi niyatimga toʻgʻrilab yashasaynar, mehnat qilsaynar, ana unda uyimizda baraka, tinchlik boʻladi. Ya’ni, bu degani, qadamiyzi mening qadamlarimga toʻgʻrilasaynar soz boʻladi.Xudo niyatimizga qarab beraveradi.

Jurnalist oʻgʻil otasining faylasufona gaplariga qoyil qolib, choy xoʻplarkan, boshini silkib qoʻydi. Toʻngʻich oʻgʻil esa donishmand otasiga mehru faxr bilan jilmayib boqib turardi.

Farzandlarining oshkora mehri cholni yana-da soʻzamol qildi.
— Bugun men silarga boshman. Ertaga har biriyiz oʻz bollariyizga bosh boʻlasizlar va ular oʻz niyatlarini sizning niyatlariyizga toʻgʻrilaydilar. Bolajonlarim, oʻzbekning birligi, kuchi oilada. Eng avvalo oilaga suyaning, ishonish mumkin. Bu millatimizi eng katta fazilati. Axir oʻzlaring oʻyla, ministr akang katta rahbar, butun yurtni soʻrab turibdi. Ammo mening qoshimda bosh egib oʻtiradi. Biron gapimni ikki qimaydi, toʻgʻrimi? Hatto oʻziga ziyon yetsa ham mening aytganimni qilishga urinadi. Shuni biliynarki, otasiga itoat etguvchi millatni hech qachon yengib boʻmaydi!..

Soʻnggi gap ta’sirida hamma jim qoldi. Bu jimlikni axiyri kenjatoy buzdi:
— Bu gaplardi qaysi kitobdan oʻqidiyz, ota? -dedi u qiziqchilik ohangida.
— Hayot kitobidan, bolam, hayot kitobidan.-deb qoʻydi chol nigohidagi oʻy chuqurlashib.

Dasturxonga osh tortildi.Aka-ukalar bolaliklarini eslab, oshni hazil-huzul bilan «talashib-talashib» yedilar. Ota esa qulogʻini batangga keltirgan haligi huvillashlardan qutilib, bagʻri yayrab oʻtirardi...

Dasturxonga fotiha oʻqilgach, ota yana oʻktam ovoz ila gap boshladi:
— Bollarim, buving ikkovimiz silarni juda-juda yaxshi koʻramiz. Silarga jonimizni berishgayam tayyormiz. Lekin jonimiz bitta, hammayizga yetmaydi. Niyatlari ulugʻ odam uchun bitta jonni qurbon qilishdan osoni yoʻq. Jon berishdan ham muhimroq, ogʻirroq ishlar bor dunyoda. Qaniydi quchogʻim hammaynardi quchishga yetsaydi, bariyni bir bagʻrimga bosib, maza qilardim!-Chol gaplari tobora soxtaga oʻxshab borayotganligini sezib, xijolat torta boshladi. — Mening gaplarimdan hayron boʻmaynar, bollarim. Sizlarminan bi-ir gaplashgim keldi-da. Oʻzi urishmaynar, bir-biriynardi ehtiyot qiliynar, bizikiga tez-tez keb turiynar, demoqchiydim. Umr oqar daryoday bir gap -shuv etib oʻtadi-ketadi.
— Omma bugun zoʻr maylis boʻldi-da, — deb qoʻydi kenjatoy xiringlab.

Shu bilan hammalari ketishga shaylandilar. Oxirida qolgan Chaman qiz kelib, otasiga suykaldi.
— Bugun qosam maylimi, otajon?
— Uyingdagilarga aytganmisan?
— Hm-m...-dedi qizi erkalanib.
— Unda qolaqo. — Chol uning peshonasini silab qoʻydi.

U xushnud kayfiyatda asr namozini oʻqigach, tasbehining donalarini sura-sura qadrdon oshiyoni -daryo boʻyiga yoʻl oldi. Salmoqli qadamlar ila sohilga yetib kelib, oʻt-oʻlan bosgan qiyalikdan biroz yonboshlab pastga tushdi va suyri joydagi ajriq ustiga oʻtirdi. Bu suyrilik uni oyoqlari bukilganida hosil boʻlguvchi ogʻriqdan xiyla xalos qilardi, goʻyo biron oʻrindiqda oʻtirganday bemalolroq his etardi oʻzini... Qiziq, dala ishlaridan boʻshab, pensiyaga chiqdi-yu shu yerga qatnashni odat qildi. Nega shundayligini oʻzi ham bilmaydi, goho qariganda shunaqa boʻladi shekilli-da, deya oʻylab qoʻyadi xolos. Ayniqsa, biron narsadan diqqati oshib, yuragi siqilsa yoki nimadandir dili quvonchga toʻlsa, darrov shu yoqqa qarab yoʻl oladi.Sohilga keladi-yu shitob oqayotgan suvga termilib oʻtiraveradi va haligina boshidan kechirgan voqealarni xayolan boshqatdan yashaydi. Diliga ogʻir botgan ozorli voqea boʻlsa, aybdorlarni kechiradi, oʻzi yoʻl qoʻygan xatolarni ilgʻaydi va bundan ham battar boʻlishi mumkin edi-ku, deya oʻziga taskin beradi. Mabodo quvonchli voqea boʻlsa ham bu shodlikni junbushga kelmasidan oldin bagʻrida sovutib olishga harakat qiladi. Har ikki holatda ham istigʻfor aytib, tasbeh oʻgiradi. Nima boʻlganda ham oqar suvda qandaydir hikmat bor — xayolni oʻgʻirlaydi. Ehtimol bu ham uni barcha kabi inson umriga oʻxshatadimi?

Hozir ham tez oqayotgan boʻtana suvga tikilarkan, koʻzlari tindi va oʻz-oʻzidan yuragini ojizroq bir vahm chulgʻadi. Goʻyo mana shu loyqa suvning bagʻriga singib ketayotgandek his qildi oʻzini va nafasi qisayotgandek tuyulib ketdi. Ha, suvning qudrati ham shunda-da, u odam bolasiga hayot baxsh etgani kabi hamisha uning yuragini qoʻrquvga ham solib kelgan. Suv shundayin bir moʻ‘jizakor ne’mat. Ana, butun bir daryo koʻngilga vahm solgani bilan undagi suvning tez oqishidan paydo boʻlgan mayda toʻlqinchalar nigohni yoqimli siypalaydi, kishi vujudiga halovat soladi. Toʻlqinchalar... Birdan oʻsha toʻlqinchalar bagʻrida kichkina qoʻl koʻringanday boʻldi. Chol oʻsha yoqqa diqqat bilan tikilarkan, oʻng tomonidagi koʻprik ustida turgan bolalarning chinqirigʻi tuyqus qulogʻiga urildi.«Yo Olloh..» deya oʻrnidan turib ketdi va haligi qoʻl koʻringan yoqqa qattiqroq tikildi. Uning miyasiga yashindek urilgan fikr toʻgʻri chiqdi -oqib borayotgan yosh bola edi. Chol beixtiyor qoʻlidagi tasbehini yerga tashladi, qirgʻoq yoqalab oqin sari yugura boshlarkan, chakmonini ham yechib, uloqtirdi va qadamini yana-da tezlatdi. U jon xalpida yugurarkan, bolaga yetib olishiga ishongan joyda oʻzini suvga otdi. Goh suv yuzida quloch otib, goh ostida suzib, bolaga yetib bordi. Yetti-sakkiz yoshli bolakay ancha suv yutib ulgirgandi chogʻi, koʻzlari qinidan chiqquday boʻlib tipirchilardi xolos.

Chol bolakayning yoqasidan tutib, qirgʻoq sari suza boshladi. Shu asno oqin kuchli boʻlgani bois oʻz manzilidan ancha olislab borardi. U keksaligini ham unitib, bor kuchi bilan suzardi. Nihoyat sohilga yetib, bolani qirgʻoqqa chiqardi. Titrab-qaqshayotgan bolakay ingichka barmoqlari bilan yonboshidagi oʻtlarni changallab, «hiq-hiq» qilgancha siltanardi. Shu payt hali suv ichida boʻlgan chol ogʻir va iztirobli bir ingranib, suv ostiga choʻka boshladi. Qirgʻoqqa talpingan oʻng qoʻlining barmoqlari baralla yozilib, qotdi va suvga butunlay gʻarq boʻlgan tanasi ortidan gʻoyib boʻlmoqqa tushdi. Hamon beoʻxshov qaltirayotgan bolakay bir qoʻli bilan oʻtlarni changallagancha chol tomonga enkayib, huddi uni suvdan sugʻirib olishga uringanday harakat qildi. Ammo chol allaqachon oqim bagʻriga tushib, ancha narida koʻzdan yoʻqola boshlagandi. Uning oyoq paylari sovuqdan tortishib qolgandi...

Bolakay esa titrab-titrab yigʻlar va sovuqdan takirlayotgan tishlari orasidan yigʻi aralash «Oqib ketdi! Oqib ketdi!» deya chiyillardi. Koʻprik tomondan chopib kelayotgan bir toʻda bolalar unga xiyla yaqinlashib qolishgan, ularning ortidan «Oʻgʻlim-oʻgʻlim!» deya halloslab kelayotgan ministr oʻgʻilning oshnasi boʻlmish Joʻravoy esa hali olisda edi.

Chol boʻlsa, mayda toʻlqinchalar bagʻriga singib ulgurgandi. Faqat hov narida — juda uzoqda, tikilib qaragan odamgina payqashi mumkin boʻlgan masofada oqib borayotgan doʻppisi elas-elas yiltirab qoʻyardi.