OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nabi Jaloliddin. Sevgi (hikoya)
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiSevgi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/05/22
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sevgi (hikoya)
Nabi Jaloliddin

«
Men sizga achinmayman, vafosiz sevgilarda,
Behuda oqib oʻtgan bahorimning yillari!

Pushkin.
»

U qoʻshni maktabda, oʻninchi sinfda oʻqirkan. Ismi — Oygul. Oʻziyam xuddi oʻsha oydek toʻlin, gul kabi juda-juda goʻzal edi. Loʻppi yuzi lovillab turardi. Bodom qovoqlari xumorlanib boqguvchi koʻzlarini har zamon-har zamonda yashirmoqchi boʻlib, silkinganlarida yanada chiroyli boʻlib ketardi. Ayniqsa, kulganda har qanday odamning zavqini keltirar darajada ochilardi. Ovozi ham shunchalar yoqimli ediki, gapirganida xuddi erkalanayotgandek tuyular va shu mahal eshituvchini-da, erka bir tuygʻular ogʻushiga solib qoʻyardi. Avvaliga aynan ana shu ovozi meni oʻziga asir etdi. Boʻlmasa, u mendan bir yosh katta boʻlib, oshnalarimning ichida uni opa, deb chaqirguvchilar ham bor edi.

Oygul bilan paxtazorda tanishdik. Yonma-yon egatga tushib qoldik. Qizlaru bolalar bir-birlariga navbat bermay javrashib, oʻrtada turli gaplar aylandi. Nihoyat, oshnalarimdan kimdir meni koʻrsatib, «shoir» deya ta’riflay ketdi. Oʻshanda Oygul menga boshqacharoq qara-di, koʻzlari chaqnab, xiyol tikilib ham qoldimi-ey. Men¬ga bu xush yoqar, ammo hayajondanmi, yuz-koʻzlarim lov-lov yonardi.
— She’rlarizdan oʻqib bering! — dedi u ham erka, ham yalinchoq bir ohangda.

Men endi chinakamiga xijolat tortdim, hali mening ta’rifimni keltirgan sherigimni ichimda soʻkib ham qoʻydim. Axir men qanaqasiga shoir boʻlay, uch-toʻrt qator qofiya tizgan shunchaki havaskor edim, xolos-da. Agar she’rlarim unga yoqmasa-chi, sharmanda boʻlaman-ku. Shuning uchun mashhur shoirlarning she’rlaridan oʻqib berdim. Ishqiy she’rlaridan. Avvaliga iymanib, keyin esa hayajon bilan oʻqidim. Shu-shu har kuni ertalab dalaga keliboq bir-birimizni izlaydigan, to kechgacha birga pax¬ta teradigan boʻldik. Faqat tushlik mahali ajralishardik — u qizlar, men esa oʻgʻil bolalar bilan ovqatlanardik.

Bir kuni tushlikni ertaroq tugallab, paxtazorga kirib oʻtirgancha Oygulni kuta boshladim. Bu orada qizlaru bolalar ham qaytishdi, lekin Oygul koʻrinmasdi.
— Oygulni koʻrmadingmi? — deya soʻradim bolalarning biridan. U tirjaydi:
— Oygulingni egasi keldi. Hov, ana tutqatorda turishibdi.

Qayrilib, sherigim koʻrsatgan tomonga qaradim. Rostdanam, qarta boshidagi tutqatorda novcha bir yigit Oygulning yoʻlini toʻsib turardi.
— U kim? — savolga tutdim yana sherigimni.
— Hodiy. Yaqinda armiyadan kelgan... Enangdi emgur juda yomon solishadi-da. — Shu bilan sherigimning kiroyi ta’rifiyu, mening savollarimga ham nuqta qoʻyildi.

Shundan soʻng men ular tarafga tikilib qolibman, hatto sherigimning nariga joʻnavorganiyu, paxta terishga tushib ketganini ham sezmabman.

Hodiy deganlari menga orqa qilib turar, qoʻllarini silkib, Oygulga hadeb bir narsalarni tushuntirardi. Ichimda nimadir gʻimirlay boshladi, rashkim kelardi, shekilli-da. Hodiyni yomon koʻrib ketdim, uni shu lahzaning oʻzida boʻgʻib tashlashga tayyor edim. Biroq uning yoshi kattaligiyu novchaligini oʻylab, qolaversa, boyagi sherigimning «yomon solishadi-da», deganini eslab, koʻnglimning bir chetida undan hayiqardim ham.

Ana, Oygul uning yonidan aylanib oʻtib ketmoqchi boʻldi. Lekin Hodiy oʻtkazmadi. Qizning qoʻlidan mahkam tutib, oʻziga torta boshladi. U bu orada birov koʻrib qolmayaptimi, deganday atrofga alanglab ham qoʻyardi. Shu payt uning koʻzi menga tushdimi, har holda men tomonga qarab, bir oz tikilib qoldi. Yuragim «shuv» etib ketdi, qanday qilib oʻtirib olganimni sezmabman. Doʻqillab urayotgan yuragimni xiyla bosib, yarim oʻtirgancha haligi yoqqa moʻralaganimda Oygul yugurgiday boʻlib shu tomonga kelardi. Hodiy esa koʻrinmasdi. Negadir oʻrnimdan turgani uyaldim. Yerga astoydil oʻtirvoldim-da, barmoqlarim bilan kesaqlarni maydalay boshladim. xayolim esa Oygulda edi. Yuragim yana qinidan chiqib ketguday doʻqillardi. Ana, gʻoʻzalar baralla shitirlay boshladi, qadam tovushlari ham aniq eshitilmoqda. Hozir u roʻparamga yetib keladi... Qiz toʻxtadi. Men uning koʻzlariga qarashga botinolmay, boshimni koʻtardim, xolos. Undan sado chiqmadi. Ana shunda koʻzlarim beixtiyor uning koʻzlariga tushdi. Koʻzlari jiqqa yosh edi. Hadeb oʻng qoʻli bilan chap qoʻlining bilagini silardi. Bilagi qip-qizil edi, qontalash boʻlib qolgandi. Men yana koʻzimni olib qochdim, nafasim ichimga tushib ketdi. U esa qizlar tomonga qayrildi.

Bu mahal men endi oʻzimni oʻzim yomon koʻra boshlagandim. Qoʻrqoqlik qilganimdan uyalardim va mening murgʻak orim ohiga bu keng dalalar ham torlik qilayotgandek edi. Umuman hozir bu yerlardan boshimni olib ketgim kelar va hech qursa mana shu joyda boshimni koʻtar-may oʻtirishni, meni hech kim koʻrmasligini istardim, juda-juda istardim... Kimdir chaqirganday boʻldi. Ha-ha, bu Oygulning ovozi edi, u meni chaqirardi. Asta oʻrnimdan turdim, ming bir andisha bilan unga qara¬dim.
— Koʻrmadingiz shekilli-da, a, sherik? Boʻlmasa, yordamga borardingiz. — U bir oz jilmayib, kinoyali boqib turardi. Uning bu turishidan boyagi voqeani koʻrganimni payqagani ma’lum edi. — Nima qilamiz, paxta teramizmi endi?..

Ochigʻi, men uning ovozidagi oʻzgarishdan lol edim. Uning ovozi qanaqadir dagʻallashganmidi-ey, yoʻq-yoʻq, toʻgʻrirogʻi, farmonravo eshitilardi. hoʻllas, endi u negadir juda dadil gapirardi. Bu menga alam qildi. Agar oʻsha Hodiy deganlari yana keladigan boʻlsa, mushtlashishni dilimga tugib qoʻydim. Aslida bu alamim ham holva ekan. Kechga yaqin hamma tergan paxtalarini yigʻishtirib qoladi. Men har kuni bunaqa mahalda Oygulning oʻz paxtasini tezroq tugib boʻlishini va najot kutib, iymanib turishini koʻrishni istardim. Soʻng esa «paxtasini tarozigacha koʻtarib olib chiqib berardim. Ammo bugun... Endi u iymanib oʻtirmadi, meni chaqirdi-da, paxtasini koʻtargizib qoʻyishimni soʻradi. Buni qarangki, men ham «yoʻq, oʻzim olib chiqib beraman», deyolmadim, uning aytganini qilib qoʻya qoldim. Ana shunda butun vujudimni alam yondirdi, kipriklarimning osti achishib, koʻzlarimga yosh sizdi.

Hodiyning boplab adabini berish niyatida tuni bilan turli rejalar tuzib chiqdim. Oʻzimcha uning adabini berishga qodir edim.

Ertasiga Hodiy tushdan oldin keldi. Yonida ikkita sherigi ham bor edi. Sheriklari tutqatorda qolishdi. U esa toʻgʻri bizning oldimizga kela boshladi. Rostdanam uning qomati kelishgan edi. Boʻyniyu qoʻllaridagi paylari boʻrtib-boʻrtib turardi. Kalta qilib olingan sochi uni goʻyo sportchilardek rasida etib koʻrsatardi.
— Hormanglar-hormanglar! — dedi u oldimizga yetib kelib, mardona ovoz bilan va pastroq ovozda qoʻshib qoʻydi, — Oyguloy, sizda ozgina gapim boriydi-da. — Bu bilan u qizga chetroqqa chiqaylik, demoqchi boʻldi.

Oygul bosh koʻtarmadi, indamay paxta teraverdi. Hodiy fahmladiki, qiz bu yerdan jilmoqchi emas. Shun¬da u yaqinroqda terayotgan bolalarga bir yovqarash qilgandi, hammalari nari ketishdi. Qizlar esa qiqir-qiqir, shivir-shivir qilishib, tezroq paxta terish bahona ularni yolgʻiz qoldirishga urinishardi. Birgina men oʻrnimdan jilmadim. Engashgan koʻyi indamay paxta teraverdim. Qulogʻim esa Hodiyda edi.

Avvaliga u meni payqamadimi yoki nazariga ilmadimi, har tutul menga parvo qilmay, qizga gapiraverdi:
— Kechagi gapimni oʻylab koʻrdingizmi, Oygul? — soʻradi u butunlay begona, toʻgʻrirogʻi, bir oz dagʻalrogʻu, lekin mehribon ovozda.

Qiz indamadi.
— Nega indamaysiz, Oy?

Shu gapini eshitdimu, negadir unga havas qila boshladim, uning oʻrnida boʻlishni istab ketdim. Nega endi men oʻzim yoqtirgan qizni, ya’ni Oygulni Oy, deb atolmaganimdan oʻkindim. Axir men ham shunday deya chaqirishim mumkin edi-ku. Lekin Hodiydek erka, shu bilan birga magʻrur bir ohangda chaqira olarmidim? Ha, u Oy soʻzini juda-juda yoqimli aytardi. Men hozir Oygulning yuzini koʻrishni, unga Hodiyning gaplari yoqqan yoki yoqmaganligini bilishni istardim. Shu niyatda boshimni koʻtardim. Oygul endi paxta termas, egatga choʻnqayib olgandi. Uning koʻzi gʻoʻza shoxlari orasidan menga tushdi. Unga tikilib turgan Hodiy oʻshanda meni payqadi. Payqadiyu gʻazab bilan men tomonga oʻgirildi, qoʻpol ovozda toʻngʻilladi:
— Sen nima qilyapsan bu yerda?

Men «nima ishing bor», demoqchi boʻldimu, ammo aytolmadim. Negadir ovozim chiqmadi, ogʻir bir yutina oldim, xolos.
— Qorangni oʻchir betdan! — deya oʻdagʻayladi u endi men tomonga bir-ikki qadam tashlab.

Men oʻrnimdan jilmadim, unga nafrat bilan tikilib turaverdim.
— Voy, sen manqa-ey!,. — U masharaomuz tirjayib, menga yaqinlashdi. Urmoqchiday oʻng qoʻlini keskin koʻtargandi, men ikki qoʻlim bilan yuzimni toʻsib, chap berish niyatida gavdamni ham qayirdim. Shunda u ketimga tepib yubordi. Shu lahzada Oygulning «Hodiy aka, urmang!» degani eshitildi. Men esa gʻoʻzaga qoqilib, yerda agʻanab yotardim.

Hodiy qizning gapi ta’sir qilganidanmi:
— Tur, yoʻqol endi, boʻmasa kaltak yeysan! — dedi-da, Oygulning oldiga ketdi. Ikkalasi yonma-yon yoʻl tarafga yurishdi.

Men esa alam bilan yerni mushtlardim, xoʻrligim ke¬lib, chiyillardim. Koʻzlarimdan achchiq yosh sizardi. Endi men Oygulni ham, Hodiyni ham va umuman hech kimni koʻrishni istamasdim. Shahd oʻrnimdan turdim-da, yigʻlagancha qishloq tomonga yugura ketdim.

Terimga ertasi kuni chiqdim. Oyguldan oʻzimni olib qochganim sari u oldimga kelib olar, turli gaplarni gapirar, chamamda, koʻnglimni koʻtarmoqchi boʻlardi. Qaniydi, shu lahzada u oʻzining bu gaplari menga naqadar ogʻir botayotganligini va endi men oʻzimni unga munosib koʻrmasligimni bilsa edi. Afsuski, bilmasdi, bilmaganligi uchun ham oʻzi sezmay, meni masharalardi. Men esa Hodiyni kutardim va bugun, albatta, oʻch olishimga, uning boshiga ham kecha oʻzimnipg boshimga tushgan xoʻrlikni solishimga ishonardim. Shuning uchun tez-tez yoʻl taraf¬ga qarab qoʻyardim. Keyinroq bildimki, yoʻl poylayotgan birgina men emas ekanman. Oygul ham menga gapirarkan, goh-goh boshini koʻtarib, yoʻl tomonga koʻz tashlab qoʻyardi. Koʻzlaridagi ma’no u ham Hodiyni kutayotganligini anglatib turardi. Demak, ikkalamiz ham oʻshani kutardik, faqat ikki xil maqsad bilan. Ammo baxtga qarshi oʻsha kuni Hodiy kelmadi.

Kechga tomon paxtamni koʻtarib, taroziga chiqib ketayotsam, paxtasini tugayotgan Oygul gina qilganday dedi:
— Mening paxtamni obchiqib bermaysizmi?

Rosti, men endi uning paxtasini koʻtarishni istamasdim va ayniqsa, menga bemalol ish buyurayotgani yoqmasdi, yoqmay qolgandi. Lekin ilojsizlikdan oʻzimning pax¬tamni qoʻyib, unikini koʻtardim. Oʻzimnikiga qaytib keldim.

Hodiy ertasiga ham koʻrinmadi...

Va nihoyat u ertasiga tushlik mahali shiyponda paydo boʻldi. Oʻtgan kunlar mobaynida gʻazabim ancha soʻnib qolgandi. Shundanmi, uni koʻrishim bilan yana yuragim shuvillab ketdi, qoʻrqa boshladim, shekilli-da.

Oygul uning imosi bilan qizlar davrasidan ajralib chiqib, ortidan shiyponning orqasiga oʻtib ketdi. Tavba, yana mening ichimda nimadir gʻimirlay boshladi — rashkmidi u, alammidi, bilmadim! Oʻrnimdan turib, asta shiyponning yonboshiga bordim. Devorga suyanib, binoning ortiga moʻraladim. Ha, katta tol tagida Hodiy bilan Oygul roʻbaroʻ turishardi. Hodiy nimalarnidir gapirar, Oygul esa yerga qaragan koʻyi jimgina tinglardi. Oʻzimni yana yonboshga oldim. Yuragim dukillab, entika boshladim. Orqam bilan devorga qattiq suyandim, koʻzlarimni yumdim. Tagʻin qasos oʻti vujudimni qizdira boshladi. Nazarimda, hozir ayni payti edi. Mendan Hodiyning oldigacha oʻn qadamcha bor. Bor kuchim bilan yuguraman-da, qorniga kalla solaman. Shu xayolda raqibim tomonga yana bir bor moʻraladim. Ular hamon oʻshanday turishardi... Demak, qorniga kalla solaman. Yigitib olsam bas, u yogʻiga tepkilab tashlayman. Bu payt yuragim qinidan chiqib ketguday urar, entikib-entikib hansirardim. Qoʻllarimni silkib, panjalarimni tez-tez qimirlatib, paylarimni kuchli zoʻriqishga tayyorlagan boʻlardim. Goʻyo hozir menga keraqli kuchni devor beradigandek unga yanada kattiqroq suyanardim. Chopishga shaylanayotgan ot misol oyoqlarimni koʻtarib-koʻtarib, depsinib qoʻyardim. Nihoyat tayyor boʻldim shekilli, yurak urishim me’yorga kela boshladi, mushtlarim mahkam tu¬gildi. Shu koʻyi boshimni xiyol egib, zarb berishga tayyorlanganimdan yelkalarimni bir oz qisib, na’ra tortgancha raqibim tomonga yugurdim. Ha-ha, hayqirgancha yugurdim. Koʻzlarimni esa mahkam yumib olgandim, hozir goʻyo butun vujudim koʻzga aylanganu, unga Hodiyning surati muhrlanib qolgandi.

Nazarimda, ancha yugurdim, lekin hamon raqabimga yetmasdim. Demak, koʻzimni ochishim kerak. Ochdim. Ochdimu, taqqa toʻxtadim. Chunki uch-toʻrt qadam narida Oygul bilan Hodiy qoʻl ushlashgancha tutzor tarafga borishardi. Men sizga aytayotgan bu gaplar bir necha lahzalar ichida roʻy bermoqda edi. Mening hayqirganimgami yoki boshqa sababdanmi, ikkisi ham baravariga ortiga oʻgirilishdi-da, avvaliga hayrat bilan menga tikilishdi. Soʻng esa yosh bolaning qiligʻidan zavqlangan kattalar kabi birdaniga jilmayishib, yana asta yoʻllariga ketaverishdi. Ular bir-birlariga bogʻlangan qoʻllarini xuddi belanchak misol silkib borishardi.

Men oʻz holatimni shundagina angladim — ikki qoʻlimni musht qilgancha ikki biqinimga qisib, xiyol enkayib, yelkalarimni qimtigan koʻyi qotib qolgandim. Hozir butun tanam bitta mushtga aylangandek edi. Lekin Oygul va Hodiynipg boyagi tabassumlaridan keyin dami chiqib ketgan pufakdek shalvirab, koʻzlarim tindi-da, yelkam bilan haligina ikki sevishganning sirlariga guvoh boʻlgan tolga suyanib qoldim.

Shiyponning narigi tarafidan goʻdakning yigʻlagani eshitildi...

Yuragim oqib borardi, unga qoʻshilib men ham oqardim...

1997