OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiUmar Xayyom - Oralik (roman, I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Tarixiy belletristika
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm236KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/7
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Umar Xayyom - Oralik (roman, I- qism)
Nabi Jaloliddin

«
Bir qoʻlda Qur’onu bittasida jom,
Ba’zida halolmiz, ba’zida harom.
Firuza gumbazli osmon tagida
Na chin musulmonmiz, na kofir tamom[1].

Umar Xayyom
»

Ibtido

Bismillahir rohmanir rohiym.

Jumla olamni, bu hadsiz koinotni oʻz qudrati va mehri ila bino etib, unda insonni mukarram qilgan Rahimu Rahmonga, bandasiga Aql atalmish moʻ’jizani berib, fikrlatib qoʻygan, qalb otligʻ sirli hilqatni ato qilib, uni Ishq va Haqiqat nasiymlari ila muattar etgan karamli Zotga beadad hamdu sanolar boʻlsin.

Ummatiga shafoatlar tilagan, zaminga boqiy saodatning ilk mujdalarini yetkazgan sarvari olam, Sayyidul Koinot Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamga salotu salomlar boʻlsin. Va ul Zotning ahli bayti va sahobalariga ham salotu salomlar boʻlsin.

Ammo ba’d, bu miskin bir tarixi muborakni bayon etmoqni niyat qildiki, Olloh rozi va madadkor boʻlgʻay.

* * *

U yoʻl izlaguvchi edi. Kunu tun, tushu xush yoʻl izlardi. Bu hatto bir kecha suratan ayon boʻldi: u sarosar kezardi, joni halqumida, koʻngli tugʻyonda, butun vujudi lov-lov yonardi. Bu yoʻl boshida gʻala-gʻovur ila turgan odamlarning qoshiga yetdi. Jigar-bagʻri xun, qovrilib yetdi.

-Bu yoʻl qay ma’voga olib boradi?-deya soʻradi yonib.

Odamlar parvo qilmadilar.

-Ey, odamlar, bu yoʻl qayga boradi axir?!

Yana hamma jim. Ba’zilari ajab jilmayib, yelka qisdilar.

U yana chopa ketdi. Tovonidan, bagʻridan oʻt chiqa chopdi. Alhol tagʻin bir yoʻl boshidagi odamlar qoshiga yetdi.

-Bu yoʻl qay goʻshaga eltadi?-dedi ularga butun vujudidan ter quyilib.

Odamlar jim turaverdilar.

-Ey, odamlar, ayting axir, bu yoʻl qay ma’voga olib boradi?!

Javob yoʻq.

Yana chopa ketdi.

Yana yoʻl.

Yana savol.

Yana javob yoʻq.

Bu hol qaytarilaverdi.

Axiyri holdan toyib, yiqilar paytida koʻzlari oldidagi xira parda yoʻqolib, soqoli-yu kiyim-boshi oppoq nuroniy zot paydo boʻldi. Uning yuzidagi haliym va yoqimli tabassumni ta’riflamoqqa til ojiz edi. U yana «Yoʻl!..» dedi ovozi bazoʻr chiqib.

-Yoʻl?!..

-Axir har bir yoʻlning avvali koʻngilda-ku. Yoʻlning boshini koʻnglingdan izla!

Endi uning vujudiga unga notanish halovat ina boshladi va shuurini ajib bir oydinlik qamramoqqa tushdi. Koʻnglidagi boyagina olamni zeru zabar etmoqqa qodirdek tuyulgan toʻfonlar tin olib, endi toʻlgʻoqli savollarga doya boʻldilar.

-Men... men... Tavrotni oʻqidim, Injilni oʻqidim... Qur’onni mutolaa etdim, yo Hazrat. Biroq yoʻl?!..

-Umringni sarhisob et, bolam. Dunyoda ikki mingdan ziyod ilohiy atalmish kitoblar bor. Keragini oʻqi va avvalo koʻnglingda ixlosni bino et. Soʻng bu olamdagi vazifangni anglab yet-da, oʻsha vazifani ado ayla. Murodingning qolganlari oʻzi keladi. Yoʻl ham, najot ham ixlos hamda vazifada.

-Endi esa yoʻllarimni, yoʻlimni anglayotgandekman. Yurtimga qaytib, ulkan cherkovni buzaman-da, uning oʻrnida muhtasham masjid barpo etaman.

-Yoʻlni xato tanlama, boʻtam, haddingni bil. Ul cherkovning ham oʻz sohiblari, ul dinning ham oʻz avliyolari bor. Ularning ruhini chirqiratma. Masjidni boshqa yerga qur.

Savollar nihoyasiz edi. Nuroniy zot boʻlsa javobdan charchamasdi. Ovozida ozgina boʻlsin malol yoxud zarda sezilmasdi.

-Boshimizda turgan koinot cheksiz-chegarasiz. Uning oxir haddini Oʻzidan oʻzga kimsa bilmaydi. Shul kabi bu cheksizlik qa’rida behisob yoʻllar, yulduzu sayyoralar bor. Ammo ularning barchalarining adogʻi Mehvari Muazzamda tutashgusidir. Bu nimarsalarni biron-bir din ta’rifida turib anglab boʻlmiaydi. Ularning har biri va Mehvari Muazzam oraligʻdagi sirli ma’voni izlamoq hamda ilgʻamoq zarur. Haqiqat ana oʻsha yerda.

Oʻzi tuzgan bu borliqda Oʻzi bor va Iblis bor. Ya’ni Ezgulik hamda Yovuzlik mavjud va ularning oraligʻi mavjud.

Bani bashar bu olamda qoʻnim topgandan buyon ne-ne mukarram zotlar yashab oʻtmadilar. Ularning har birlari bir sayyora, bir yulduz boʻla oladilar. Dinlari turfa, millatlari turfa, lekin maslagu murodlari bir- ezgulik edi. Ularning qalblarida Oʻzi yashardi. Illo bu zotlarga ham biron bir din yoxud milliy tamoyillar tarafida turib haq bahoni bermoq dushvor va ularni anglamoq mushkul. Shunday ekan, Haqiqat barqaror boʻlgan oraliqni-sirli ma’voni izla!..

Uning shuuri oydin-oydin edi. Nuroniy zot soʻzlagani sari vujudi huzurbaxsh jimirlab, oʻzga bir olamga singib borayotgandek boʻlardi. U roʻbaroʻsidagi kishining soʻzdan toʻxtamogʻini sira-sira istamasdi.

Nuroniy zot esa mudom soʻzlar, hikoya qilardi. Uning ovozi oʻzga bir olamdan, sirli bir ma’vodan eshitilayotgandek tuyulardi...

Birinchi Qism

Birinchi bob

Hijriy 455 (melodiy 1076) yilning bahori. Isfahonda tong otmoqda. Qadim shaharning muhtasham devorlari osha, ularning ortida qorayib koʻringan haybatli togʻlarning viqorli yelkalari uzra tongning ilk mujdalari seziladi. Osmonning sharqiy burjidagi hov anovi ulkan choʻqqining keti koʻzning oqi yangligʻ oqarib bormoqda. Goʻyo tun toʻnining bir peshi ximarilib, qoʻynidagi oppoq tongning yelkasi koʻrinib kelayotgandek.

Bu azim shaharga olamga hukmronlik da’vosini qilgan Iskandar Zulqarnayn asos solgan boʻlib, uni vodiy shahar desa ham boʻladi. Chunki shahar qal’asining uch tomoni qir-adirlaru ularga tutashib ketgan baland togʻlar bilan oʻralgan, atrofi esa keng yaylovlardan iborat edi. Faqatgina janubiy-sharq tomonigina ochiq, ya’ni tekislik boʻlib, choʻlu sahrolar bilan ulanib ketgandi. Shahar qal’asining asosiy darvozasi ham ayni shu tarafda edi.

Qal’a devorlari ancha baland va mustahkam edi. Ularning osti chuqur handaqlar bilan ixotalangan, ustida esa qorovul va soqchilar yurishi hamda atrofni kuzatishi uchun maxsus yoʻlaklar, tuynuklar qilingan, yov bos-qini payti kamonchilarning yoy otishlariga moʻljallangan supachali kungurador sangandozlar (oʻq otish uchun qoldiriladigan tuynuk) ham qurilgandi. Bularning barchasi, xususan qal’a devori ham tunda, ayniqsa, mahobatli va hatto vahimali koʻrinar, dunyoning katta bir qismini egallab turgan Suljuqiylar dorussaltanatining butun ulugʻligi hamda salobatini namoyish etayotgandek tuyulardi.

Isfahon arablar hukmronligi davrida ancha obod boʻldi. Shaharning bosh maydonida (xalq tili bilan aytsak, shohmaydonida) qad rostlab turgan anovi jom’e masjidi, Nizomiya madrasasi binosi, asosiy bozor va hatto sulton saroyi ham arablar zamonida qurilgan. Masjidu madrasaning hozir qorayib koʻrinayotgan aslida moviy gumbazlari koʻplab shuhrattalab hukmdorlarning koʻzlarini qamashtirganligi ham rost. Isfahon shuhratiga shuhrat qoʻshmish jom’e masjidi minorasining balandligi yetmish arshin boʻlib, ancha uzoqlardan koʻrinib turadi...

Odatda Umar Xayyom bomdod namozini oʻz hujrasida oʻqirdi. Ammo bugun muhim bir yumushni rejalab, ertaroq uygʻondi. Tahorat olgach, sunnat nomozini oʻqidi-da, jundan toʻqilgan xirqasimon odmi chakmonini kiyib, tashqariga chiqdi. Maqsadi namoz farzini jom’e masjidida oʻqish edi. Tong osmonining oqish-koʻkimtir rangi olamga xiyol oydinlik baxsh etayotgan boʻlsa-da, hali atrof nimqorongʻulik ogʻushida edi. Shahar tashqarisining shimol tomonidan oqib oʻtguvchi daryoning muzdek bahoriy suvini xoʻplagan shabada kishining badanini junjiktirar darajada sovuq. Havoning tozaligidan nafas olganda kishining tomogʻi, burni achishib ketgudek boʻlardi. Shoir chakmoniga yaxshiroq burkanib, bir-ikki tomoq qirib qoʻyarkan, biroz enkaygan koʻyi masjid tomon odimladi. Shu payt muazzinning minora ustidan eshitilgan butun olamlar Egasini sharaflovchi jarangdor ovozi butun atrofni tutdi:

-Ollohu Akbar! Ollohu Akbar!..

Namoz nihoyalangach, masjiddan avvalroq chiqqan Umar Xayyom oʻzini bir chetga olib, ulugʻ vazir Nizom ul-Mulk janoblarining chiqishini kuta boshladi... Olam mudom osuda, havo musaffo, illo bu goʻzal va fayzli xilqatlar kishi umriga barokot berayotganday tuyuladi. Tabiatdagi bu tiniqlik odamlar shuuriga ham koʻchgan va ular shuurlaridagi tiniqligu tonggi ibodatning ilohiy ta’siri hamda subhidam tarovatidan oʻzlarini oʻzgacha, balki yengilroq his etadilar. Namozdan turgan va masjidning naqshinkor hashamatli eshiklaridan chiqayotgan ahli taqvoning yoʻtalishlari va hatto tomoq qirishlari ham bomdodiy sokinlik qoʻynida misoli temirchi bolgʻasining tovushiday quloqqa yoqimsiz eshitiladi. Odamlarning labidan uchgan ojiz shipshishlar yohud bir ogʻiz soʻz ham chor atrofga aks sadoday sochiladi... Mana, nihoyat maqsurada (mehrob yonidagi arkoni davlat namoz oʻqiydigan joy) boʻlgani uchun kechroq chiqqan vaziri a’zam ham koʻrindi. U xonaki va odmi boʻlsa-da, ozoda hamda ohorli libosda boʻlib, koʻrinishdan bu libosini faqatgina namoz uchun kiyishini sezish mumkin edi. Aslida ham shavkatli Saljuqlar davlatining tayanchlaridan biri boʻlmish, shuhrati butun Sharqqa yoyilgan bu inson judayam sarishta va poklikni suyguvchi edi. Uning egniga tushgan anchayin uringan mato yoxud libos ham ohorli koʻrinar, moy surtilganday yaltirab turguvchi yuzi, doimo qirtishlangan ixcham mosh-guruch soqol-moʻylovi, na kichigu na katta boʻlmagan, biroq oʻziga oʻta yarashgan oppoq sallasi shu qadar fayzli ediki, kishining zavqini keltirardi. Zotan uning qaddi-qomati ham oʻrtadan quyiroq boʻlib, pakanalikka xiyol moyil edi.

Vaziri a’zamning ham shoirga koʻzi tushdi-da, uning masjid eshigida peshvoz turishi bejiz emasligini sezib hamda u bilan koʻrishmoq niyatida oʻsha tarafga mayl qildi.

-Assalomu alaykum, ey, miskinlar xaloskori, fozillar gʻamxoʻri ulugʻ vazir janoblari!-Shoir aslan bundayin jimjimador soʻzlardan iborat hamdu sanolarni yoqtirmasdi. Ehtimol shuning uchunmi har safar shu kabi soʻzlarni aytganda koʻnglida ajib bir holat paydo boʻlar va bu bilan oʻzini oʻzi masxaralayotganday tuyulardi-da, ichida gʻashlik tugʻilardi. Uning bu fe’lini, balki kayfiyatini Nizom ul Mulk ham toʻla boʻlmasa-da, bir qadar bilardi. Qolaversa, bundayin maqtovlar shodasini Xayyom ham har kimga-da, hamisha-da aytavermas, ayni damda esa bu hamdlar vaziri a’zam uchun quruq xushomadgina emas, balki unga berilgan toʻgʻri baho edi. U haqiqatan ham miskinlar xaloskori, olimu fozillar posboni edi. Shu vajhdan ham shoir ul zotni benihoya hurmatlardi.

Ular qoʻshqoʻllab koʻrishdilar. Vaziri a’zam shoirning tavozesiga magʻrur tavoze ila javob berdi. Ikkovlon yonma-yon vaziri a’zamning qasri tomon yoʻl oldilar. Darvoqe, ul zotning qasri sulton saroyiga tutash boʻlib, ixcham bogʻ va tosh yotqizilgan tekis yoʻlakchalardan iborat edi. Qalamga oshno fozillar ahlidan boʻlgan ulugʻ vazir odatda subhi sodiqdan to nonushta mahaligacha mazkur bogʻda sayr etib, xayol surguvchi, rejalar tuzguvchi edi. Xayyom uning bu oshiyonida bir necha bor boʻlgan va hatto tonggi sayrlarini ham koʻrgandi. Yodida, u bilan ilk uchrashuvlari ham mana shu qasrda kechgan edi...

Ikki yil oldin, oʻshanda ham ayni koʻklam mahali edi. Hzining Buxorodagi hayotidan, balki Movarounnahr hukmdori Shams ul Mulk munosabatidan qoniqmay qolgan Umar Xayyom oʻz valine’mati qozikalon Abu Tohirga roʻbaroʻ boʻldi. Qozikalon bu koʻhna va jafokash dunyoda ancha yashab qoʻygan, shul bois odamning ichidagini yuz-koʻzidan bila oyamoqlik qurbiga ega inson edi. U yosh shoirning ahvoli ruhiyasiga qalb koʻzini tutarkan, inchunun zohiridagi ijod zahmatini, oʻzidan qoniqmaslik, halovatsizlik sifatlarini ham payqadi. Oʻshanda ziyrak qozikalon ham undagi bedorlik ortida yashiringan boʻronlarni, toʻfonlarni toʻlaligicha ilgʻay olmagandi. Vujudida kechayotgan bu gʻalayonlarni hatto uning oʻzi ham butun boricha hali tushunmas, idrok etolmasdi.

-Endi ne manzilni ixtiyor etmoq istarsen?-deya soʻradi Abu Tohir Umarga sinovchan tikilarkan.

Shoirning oʻz muddaosi, koʻzlagan maqsadi bor edi. Movarounnahr hoqonining unga boʻlgan munosabati anchayin sovuqligi shunda ham aks etardiki, unga tayin etilgan maosh nafaqat qadr-qimmatini, balki tirikchiligini me’yoriga solmoqqa-da izn bermasdi. Ammo Xayyom qozikalonga buni arz etmaydi, bu borada avvalo uning oʻzi soʻz aytmogʻini kutadi. Uning fe’li shunday-birovga hasrat qilish, yukinish, oʻtinib yordam soʻrash magʻrur yuragini jarohatlaydi. Qolaversa, Abu Tohir ham uning bu fe’lini yaxshi biladi va qadrlaydi.

-Sizning maslahatingizni kutmoqdamen.-dedi Xayyom tavoze ila.

-Buxoroni tark etmoqchi ekanligingni sezib turibmen. -Qozikalon mudom mulohazakor bir ohangda soʻzlardi. -Mening fikrimcha, hozir sening joying Isfahonda. Chunki Saljuqiylar sultoni Jaloliddin Malikshoh va uning ulugʻ vaziri Nizom ul-Mulk janoblari oʻz dorussaltanatlariga koʻplab olimu fozillarni ja’m etmoqdalar. Illo Sulton hazratlari xoʻp ilmparast va Islomparast ermish. Agar istasang, doʻstim Nizom ul-Mulk janoblariga noma bitib berurmen. Inshoolloh, ul zot seni benasib etmagay.

Xayyom uchun bu ayni muddo edi, ayni shu narsa u koʻzlagan maqsadning ibtidosini tashkil etardi. Chunki shoir Isfahondagi ulkan kutubxonaning shuhratini eshitgan va oʻshal bebaho xazinaga tezroq yetishmoq orzusida edi. Shuningdek, koʻhna Isfahonda oʻzining gʻoyibona ustozi, Shayx ur-rais Abu Ali ibn Sino ham yashab, ijod etganligidan boxabar ediki, illo uning bitiklarini zoʻr bir tashnalik ila mutolaa qilardi. Uning ba’zi muxtasar asarlarini yoddan bilar, «Al-Qonun»ini esa yonidan qoʻymasdi. Ayni damda Shayx ur-raisday ulugʻ olimning yangi asarlari bilan tanishmoq ishtiyoqidan shodlanmoqda edi. Zero uni Buxoroi sharifga yetaklab kelgan asosiy sabablardan biri ham jannatmakon Ibn Sino dohosining zavqu sururi boʻlgandi.

-Marhamatingizdan minnatdormen, muhtaram qozikalon hazratlari! -Shoir xiyol bosh egib, ta’zim qildi.

Shunday qilib, Umar Xayyom qozikalonning ulugʻ vazirga bitilgan nomasiga erishgach, Buxorodan Isfahon sari yoʻl tutgan karvonga qoʻshildi. U karvonda uch tuyaga ega boʻlib, biriga oʻzi mingan, qolgan ikkitasiga esa kitob va bitiklari ortilgan edi. Karvondagi boshqa tuya va otlarga Movarounnahr hukmdori Shams ul Mulkning chor atrofni bosib kelayotgan Saljuqiylar sultoni Malikshohga yoʻllagan sovgʻa-salomlari yuklangandi. Shams ul-Mulk shu yoʻl ila jon saqlamoqqa urinardi...

Bahorning oʻrtalarida dorussaltanatga yetib kelgach, bir-ikki kun yuvinib-taranib, hordiq oldi va ulugʻ vazirning qabuliga oshiqdi. Hshanda ham Nizom ul Mulk shoirni oʻz qasrida qabul qilgan edi. Yoshi ellikdan oshgan xush chehrali ulugʻ vazir Umar Xayyom haqida avvaldan eshitgan, uning hech bir bitikka qiyoslab boʻlmaydigan ruboiylaridan ham boxabar edi. Shuning uchun ham koʻp ilmlar borasida bahs etmoqqa qodir boʻlgan donishmand vazir yosh shoirni iliqlik ila kutib oldi. Uning istiqboliga peshvoz chiqib, quchoqlashib koʻrishdi. Xayyom bundayin muomalani kutmaganligi bois biroz esankiradi va ehtimol ulugʻ vazirning salobati ham bosdi.

Vazirning taklifi bilan naqshinkor xontaxta yoniga yuzma-yuz oʻtirdilar. Olloh taolodan yaxshilik tilab, yuzlarga fotiha tortilgach, shoir Abu Tohirning maktubini tavoze ila ulugʻ vazirga uzatdi.

Umar Xayyom shuhrati uzoq-uzoqlarga ketgan Nizom ul Mulkday inson bilan bu yangligʻ yuzma-yuz oʻltirib hamsuhbat boʻlmoq har kimga ham nasib etavermasligini yaxshi tushunar va shul vajhdan-da imkon qadar ul muborak zotning e’tiborini qozonmoq istagida odob saqlardi. Vazir to maktubni oʻqib boʻlgunicha boshini quyi solib, jim oʻltirdi. Vanihoyat ulugʻ vazir ochiq chehra ila yana shoirga yuzlandi.

-Qalay, safar toliqtirmadimi? Olloh taoloning panohida eson-omon yetib keldingizmi? (vaziri a’zam uchrashuvlarining dastlabki vaqtlarida shoirni «siz»lab gapirardi.) Birodarim Qozikalon Abu Tohir janoblari ham omonda yuribdilarmi?-deya bir muddat hol-ahvol soʻramoq ila band boʻldi.

-Shukr.-dedi Xayyom ilkini (qoʻlini) koʻksiga qoʻyib, -ul zoti bobarokot Olloh taoloning panohida sogʻ-omon yashab yuribdilar. Mazlumlar panohi, olimu fozillar homiysi boʻlmish siz vaziri a’zam janobi oliylariga koʻpdan-koʻp duoi salom yoʻlladilar.

-Ul zotdan Olloh rozi boʻlgʻay. Filhaqiqat, Abu Tohir janoblari oʻz nomasida bitganlaridek, ulugʻ sultonimiz Malikshoh janobi oliylarining farmonlari hamda istaklariga binoan Islom olamining bilimdon olimu fozillarini, otashzabon shoirlarini dorussaltanatga ja’m etmoqdamiz. Inshoolloh, Isfahon jumlai jahonning bosh kentiga aylangay. -Ulugʻ vazir bir muddat sukutga toldi-da, soʻng yana soʻzida davom etdi. -ma’lumingiz boʻlgʻaykim, dorussaltanatda rasadxona bunyod etilmish. Lekin uning ulugʻvorligi sultonimizning shonu shavkatlariga monand va arzirli emasdur. Rasadxona qurilishini nihoyalamoq, ayniqsa, uning yuqori qismini takomilga yetkazmoq ilmi handasa va ilmi nujumdin boxabar boʻlgan siz kabi olimga lozimdur.

-Qulluq, hazratim!-dedi ilki mudom koʻksida boʻlgan shoir xokisorlik ila.-Banda ham ulugʻ sultonimizning shonu shavkatlari soyasinda ilm ila mashgʻul boʻlmoq orzusida yonmoqdamen. Illo Isfahon rasadxonasi-yu kutubxonasi haqida koʻp bor eshitganmen. Olloh taologa hamdlar boʻlgʻaykim, ul moʻ’tabar dargohlar ostonasini koʻzga surtmoq baxtiga musharraf etayotir.

-Borokollo, ayo shoir! -Ulugʻ vazir shoirga mehr va samimiyat ila boqib dedi,- Qayerga qoʻndingiz?

-Karvonsaroydamen, janobi oliylari.

-Bu kech ham oʻsha yerda tunamoqqa sabr etursiz. Ertaga huzuri muborakdin soʻngra rasadxonaga koʻchib oʻtgaysiz. Ulugʻ Sultonimizga shu bugunoq siz haqingizda yetkazurmen.

Shu bilan suhbatlari nihoyalanib, Xayyom karvonsaroyga qaytdi. Ertasi kuni Nizom ul Mulkning chorlovi ila Sulton huzuriga kirdi va saljuqiylar saltanatining yosh hukmdori nazaridan oʻtdi. Sulton ham unga oliy mulozamat koʻrsatdi, shoirning tashrifidan ilhomlanibmi, oʻzi orzulagan yumushlar xususida-da muxtasar soʻzlab oʻtdi. Qabul nihoyasida shoirning rejalari borasida ham qiziqdi. Hsha ilk uchrashuvdayoq Umar Xayyom yosh Sultonning bilimiga, oʻzini tuta bilish salohiyatiga qoyil qolgandi. Zero yaqindagina taxtga oʻltirgan oʻn yetti yoshli Malikshoh oʻzini xuddi kattalarday va hatto ancha-muncha yillarni yashab qoʻygan donishmadlarday tutar, kelishgan qaddi-basti ham unga yanada salobat baxsh etardi. Shoir asli koʻchmanchi turk-oʻgʻizlardan boʻlmish Sultondan bundayin qobiliyat va yuksak madaniyatni kutmagandi. Oʻsha uchrashuvdan soʻng uning qalbida tugʻilgan Sultonga boʻlgan hurmati vaqt oʻtgani sayin tobora mustahkamlanib, sobitlashib bordi...

Ular ulugʻ vazirning bogʻidagi tosh yotqizilgan tekis yoʻlak boʻylab borardilar. Vaziri a’zam erta bahorning etni junjiktirguday salqin havosini goʻyo pisand qilmayotganday oʻzini magʻrur va viqorli tutar, u kishidan biroz tikroq boʻlgan, yuz suyaklari boʻrtib chiqqan, qisqa qora soqoli oʻziga yarashgan basavlat shoir esa boshini xiyol eggancha qadam tashlaydi.

Vanihoyat ulugʻ vazir tilga kirdi:

-Shoirlar shoirini saharmardonda bizning huzurimizga ne yumush boshlab keldi?

-Avvalo uzrimni qabul etgaysiz, janobi oliylari.-Shoir subhiy bir tiniq va oʻktam ovozda soʻzlardi. -Rasadxonamiz tabboxiga (oshpaziga) bir-ikki bor qutlugʻ nazaringiz tushgan boʻlsa kerak.

-Xoʻsh-xoʻsh?..-deya vaziri a’zam diqqatini jamlab, shoirga qaradi.

-Oʻsha odamning yolgʻiz qizi mana bir necha kundirki gʻoyib boʻlgan. Nazarimda, Sabbohnig tarrorlari oʻgʻirlab ketishgan shekilli...

Xayyomning maqsadiga tushunolmayotgan vazir mudom unga tikilib turardi.

Buni payqagan shoir darrov gapiga oydinlik kiritishga oʻtdi:

-Agar boshqa bir tashvish tugʻilmaganda sizning qimmatli vaqtingizni olishga jazm etmagan boʻlur erdik.

-Tortinmay soʻzlayver.-deya dalda berdi vazir.

-Eng yaxshi sangtaroshimiz boʻlmish yigit oʻsha qizga koʻngil qoʻygan ekan. Hozir u juda bezovta. Qizni izlab ketib qoladimi degan hadikdamen..

-Agar yoʻqolganiga shuncha kun boʻlgan boʻlsa, oʻgʻirlashgani aniq. -Vazir biroz xayolga tolgach, dedi,-Biroq senga yordam bermoqqa ojizmen. Boisi ulugʻ Sultonimiz tez kunlarda ulkan yurish rejasini tuzganlar. Illo bir ojizani deb bu rejaga dahl etolmaymen.

Umar Xayyom shu bilan suhbatga yakun yasalganini tushundi. Ulugʻ vazirning bu oshkora tushuntirishidan soʻngra biron narsa deyish odobsizlik sanalishi aniq edi. U Nizom ul-Mulk bilan xayrlashib, rasadxona sari qaytarkan, Mahmudni oʻylardi. Bechora yigit shu bir hafta ichida xarob bir ahvolga tushdi qoldi. Na bir tuzukroq ovqat yeydi, na bir ishida unum boʻladi. Shoir yigitga dil-dildan achinarkan, uni ilk bor uchratgan paytini esladi...

Ikkinchi bob

Buxorodan Isfahon sari borayotgan karvonning yoʻlga chiqqaniga ikki haftadan oshgandi. Bir maromda yoʻrgʻalab borguvchi karvon Buxoro saltanatidan chiqib, allaqachon azim Jayhundan kechib, Xuroson bagʻridagi qumloq dashtlar oralab oʻtar, mudom davom etayotgan choʻlu dashtlar nigohlarni toliqtirar darajada adogʻsiz koʻrinardi. Bu adogʻsizlik shundayin tamsilga munosib keladiki-goʻyo ulkan ajdahoning qiya ochilgan ogʻzi asta-sekin baralla ochilayotgandek va mana-mana borliqni yutib yuboradigandek tuyulardi. Odamzotning ibtidosi kabi qadim va shuningdek, asrorga yoʻgʻrilgan hamda faylasufning oʻyi misol choʻzilgandan-choʻzilgan choʻllar ham bahorda jonlana boshlaydi. Qibla yoqdan muntazam esib turguvchi, hali peshini yigʻishtirib ulgurmagan qishning qaqshagan tunlarida bisyor yaxlagan va buning ustiga tap-taqir choʻlda oʻzini qayerga qoʻyishni bilmay gir-gir aylanib, shoʻxlangan shamol tanlarga muz kabi uriladi. Ammo ilk koʻklamning bu sovuq shamolida ham yoqimli bir boʻy borki, u dimoqlarni huzurbaxsh siypalaydi. Ehtimol shamoldagi bu xushboʻylik choʻlning u yer-bu yerida nish urayotgan sahroyi giyohlar va yoxud endi-endi jonlana boshlagan choʻli malikning bahoriy nafasidandir. Balki sarkash shamollar bu yoqimli islarni togʻu toshlardagi ertaroq uygʻongan gulu chechaklar yoxud obod kentlarning gulzoru boʻstonlaridan olib qochib kelgandirlar. Ne boʻlganda ham odamzot nazdida yovuzlik, balo-yu ofat timsoliga aylanib qolgan bu choʻllar ayni damda hayotga tashna bir mavjudotni eslatardi. Balki bu yoz jaziramasiga asos solib, borki jonzotu nabobotni oʻz otash qozonida qovurgan bobo Quyoshning zaminga ajib iliqlik bilan boqayotganligidandir.

Dashtning bagʻridan oʻtib, hov uzoqlarda qum barxanlar yelkasiga opichgan ilonizi yoʻlning tusi choʻlning boshqa yerlaridagi rangdan xiyol oʻzgachaligi bilan ajralib turadi. Bu yoʻldan asta-asta yoʻrtayotgan karvon yuqoridan qaragan koʻzga oʻz oʻljasini poylab sudralayotgan ulkan ilondek koʻrinadi. Karvon asosan yuzlab tuyalardan iborat, lekin tuyoqlari yoʻgʻon bir necha oʻnlab otlar ham borki, ularda qurollangan sarbozlar -karvon soqchilari boradilar. Tuyalar aksari qoʻsh oʻrkachli boʻlib, oʻrkachlari orasidan ikki yonboshiga osilgan zil-zambil yuklar ularning odimlariga monand loʻkillaydi. Ot va tuyalarning goho-goho pishqirishi, sarbozlarning bir-birlariga baland ovozda gapirishlari, kimlarningdir xirgoyilari, qurol-yarogʻlarning shaqir-shuqurlari karvon qoʻngʻiroqlarining umidbaxsh tovushlariga qoʻshilib, karvonga xos koʻxna umum bir sasni vujudga keltiradi. Qoʻngʻiroq ovozini yopingan bu sas uzoq-uzoqlardan ham eshitiladi va karvon kelayotganidan olis-olislarga ishonchli xabar beradi.

Xayyomning ikki tuyasi va bir (oʻzi mingan ot bilan ikkita) oti karvonning boshrogʻida-karvonboshining tuyalariga baqamti joylashgandi. Buxoro qozikalonining nomidan karvonga qoʻshilgan shoirni karvonboshi oʻziga yaqinroq joylashtirishni lozim topdi. Har holda Buxoro qozikalonidan Isfahondagi vaziri a’zam dargohiga borayotgan bu zot sagʻir odam boʻlmasa kerak, degan andishaga bordi. Qolaversa, hordiq paytlari tilla-yu kumush va molu matohdan boshqa gapni bilmaydigan karvonning asosini tashkil etgan savdogarlardan koʻra kitob koʻrgan, aytishlaricha, zaminu samo ilmini bilguvchi olim zot bilan suhbat qurmoqni afzal bildi. Har tugul uzundan-uzoq safarni zerikmayroq qaritmoqni umid qildi. Shul bois, yotish-turishi-yu yemoq-ichmogʻi ham Xayyom bilan birga boʻlib qoldi. Karvonboshining xizmatkorlari xojasining istagiga binoan Xayyomga ham xizmat qila boshladilar. Ayniqsa, olov yoqib, ovqat pishirish, tuya va otlarga yem-xashak berish, nihoyat karvonboshining issiq-sovugʻidan xabardor boʻlib turishda sidqidil zahmat chekayotgan savlatli yigit shoirning e’tiborini tortdi. U juda gavdali edi. Jagʻ suyaklari keng, turtib chiqqan, boʻz choponi yashirgan yelkalari ulugʻvor, bilaklari yoʻgʻon edi. Bundan bir-ikki kun burun boʻlib oʻtgan voqea bu yigitning nihoyatda baquvvat ekanligini ham namoyish etdi. Hshanda kech kirib, karvon istirohat uchun toʻxtadi. Bunday paytda taomilga binoan tuyalar choʻktirilib, ularning ustidagi yuklar ham tushirib qoʻyilar va jonivorlar shu tariqa dam oldiriladi. Xayyomning zil-zambil kitoblari ortilgan tuyalari ham choʻktirildi va u yuklarni tushirish niyatida harakat qilayotgan bir paytda haligi yigit paydo boʻldi. Ikki-uch odam bazoʻr koʻtarguvchi yukni dast koʻtardi-da, yerga qoʻydi. Uning bu ishidan hayratlanganday boʻlgan tuyalar ham pishqirib yuborganday tuyuldi. Ana oʻshanda Xayyom bu yigitga e’tibor berdi va mavridi bilan uni savolga tutdi.

Bu yigit asli Keshning turkiy urugʻlaridan boʻlib, ismi Mahmud ekan. Buxoroda ilm olmasa-da, kasb-hunar oʻrganibdi. Nihoyat Buxoro mulkidan fayzu barokat koʻtarilayotganini sezib, ham ahli hunarmand qudratli Saljuqiylarning bosh kenti Isfahon sari intilayotganini eshitib, oʻsha yoqqa bormoqni ixtiyor etibdi. Buxoroda hunarmandlarning tirikchiligi tang bir ahvolga kelgan, boisi hech qanday qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilmasdi. Ehtimol bu koʻhna zamin hukmdorlari shundoqqina yonboshlarida dunyoni larzaga solib turgan saljuqlar xavfidan hadiksirab, yoyinki jonlari koʻzlariga koʻrinib, bundayin ezgu ishlarga xafsalalari kelmayotgandir. Nima boʻlganda ham qadim Buxorodan qoʻr-qut koʻtarilib ulgurgan va bu shaharda hunarmandlarning kamayib borayotganida ham koʻrinardi.

Isfahon esa buyuk saljuqiylar saltanatining dorulsaltanati, ulugʻ Sulton Malikshoh orzusiga koʻra jumlai olam poytaxtiga aylangulik shahar. U yerda koʻpdan-koʻp binolar, masjidu madrasalar barpo etilmoqda. Demak, u yoqlarda mehnatkash har qanday qoʻl quruq qolmasligi, tishga botgulik yemish topmogʻi tayin. Buxoroda sangtashlikni oʻrganib, ustasining duosini olgan yigit ana shunday oʻy-xayollar bilan mablagʻi yoʻqligi sababli karvon egasiga xizmatga yollanib, Isfahon sari borardi.

Xayyom oʻz baxtini izlagan bu zahmatkash yigitga boqarkan, dunyoning ajab savdolarini oʻylay ketdi. Rizqining bilaklari kuchi ila topib, bir navi kun koʻrayotgan, oʻzi omi ersa-da, shoirning nazdida, goʻzal qalbning sohibi boʻlmish bu yigit ham Mahmud va dunyoni zir titratib, ne-ne tillo boshlarni chopib, qancha-qancha javohir kitoblarni yoqqan sulton Faznaviy ham Mahmud. Ul johil podshoh behisob odamlarning rizqini qiyib, ularning umrlariga zomin boʻlib yashadi, goʻyo koʻk toqiga ustun boʻlguday tutdi oʻzini. Yaratganning adolatini qarangki, oʻshal sohibi qudrat ham tuproqqa qorishdi. Bu Mahmud esa oddiy bir kambagʻal, rizqidan ortigʻini da’vo qilmaguvchi oqkoʻngil hunarmand. Kun kelib u ham barcha qatori tuproqning bagʻriga qaytadi. Va’da qilingan hisob-kitob esa barcha uchun barobar. Shoirning boshida yangi satrlar gʻimirlay boshladi:

Kulol doʻkoniga kirdim bir safar,
Dastgohda ishlardi usta koʻzagar,
Gado qoʻlidanu shohning boshidan
Koʻzaning boʻyni-yu dastasin yasar.

Vo darigʻ! Olam oqib borar odamni oqizib. Agar shu osmon yoxud tun va kun boʻlmasa, umr ham xuddi mana shu choʻlu dashtlar yangligʻ cheksiz-chegarasiz tuyuladi. Balki Ollohning hikmati ham shundadirki- u odamga oʻz umrini oʻzi hisob-kitob qilishligini amr etgandir. Mana umr, uni xohla kunga yoz, xohla tunga...

Xayyom atrofga oʻychan boqarkan, umri mana shunday safarlarda, odamlarning hikoyalariga qaraganda sarson-sargardonlikda oʻtgan gʻoyibona ustozi Abu Ali ibn Sinoni esladi. U bu ulugʻ olimni oʻzgacha bir mehr, oʻzgacha bir ehtirom ila yod etardi. Chunki Xayyom dongʻi yetti iqlimga ketgan ana oʻsha olimning kitoblari ta’sirida ulgʻaygandi, voyaga yetgandi. Hatto uning ba’zi asarlarini yoddan bilar, quvvai hofizasining kuchliligidan qaysi bob qaysi sahifada joylashganigacha aytib bera olardi. Ayniqsa, tabobatga oid asarlarining mutolaasiga oʻsmirlik yillarining katta bir qismini sarflagandiki, dardlarni davolashda tuzukkina mohirligi ham bor edi. Giyohlar va jonivorlarning a’zolaridan doru tayyorlab, dard quvmoq, jarohatlarni shifolamoq san’atiga ega edi. Bu xislatlarga gʻoyibona peshini tutmish ustozi Ibn Sinoning kitoblari orqali erishgandi. Lekin u oʻzining bu hunarini koʻpda oshkor qilavermas, zaruriy holat paydo boʻlsagina qoʻllardi. Xayyom, shuningdek, Ibn Sinoning falsafiy qarashlarini oʻziga yaqin olardi...

Bu karvon odatdagidan ancha katta edi. Boisi buyuk saljuqlarning hujumidan titragan Buxoro hoqoni Shamsul Mulkning joni koʻziga koʻrinib qolgandi. U maxsus karvon yollab yuzlab tuyalarga oltinu javohir, qorakoʻlu shoyilar toʻla sandiqlarni yuklab, oʻz elchilari bilan Malikshoh huzuriga yoʻllagandi. Ajabmaski shu bilan bir necha yil jon saqlab olsa.

Shoir miyasida aylangan haligi satrlar ta’sirida koʻksini toʻldirib bir nafas oldi-da, keskin qaytarib chiqardi. Koʻzlarini xiyol qisib, atrofga nazar soldi. Shom yaqinlashmoqda edi. Karvonboshi mana-mana buyruq berib karvonni toʻxtatadi, soʻng namozni jamoa boʻlib oʻqiydilar. Aftidan shu yerda tunab ham qolishsa kerak, boisi oyoqqa tura boshlagan shamol kuchayib ketishi va tunda yurishni mushkullashtirmogʻi mumkin.

Muazzin azonni aytib, karvondagilar shom namozini oʻqimoqqa yigʻilganlarida, soqchilar boshligʻi tungi qoʻriqlash joylarini belgilay boshladi. Xizmatkorlar esa oʻz xoʻjayinlarining yuklariga yaqin joylarga olov yoqishib, kechki ovqatni hozirlamoqqa tushdilar...

Namozni tugatgach, har kim oʻz olovi atrofida tanavvul qildilar. Taomdan keyin karvonboshi soqchilar boshligʻini alohida chorlab, topshiriqlar berdi. Qorovullar xushyor turishligini, imkon qadar olovlarni oʻchirmaslikni tayinladi. Chunki mish-mishlarga qaraganda, bu yerlarda sher toʻdalari izgʻib qolganmish va karvonlarga hujum qilayotganmish. Karvonboshi hali biron marta hech yoʻq bironta sherni koʻrmagan boʻlsa-da, ehtiyot boʻlishlikni lozim topdi. Haytovur oʻsha uzun quloq gaplar haqiqat boʻlsa, gʻaflat balosidan Ollohning oʻzi asrasin. Uning ustiga bu maxsus karvon. Unda Buxoro hukmdorining jon rishtasi, toʻgʻrirogʻi, raddi balosi, Malikshoh Saljuqiyning esa koʻrinmas nazari bor. Bu nazar ayni kunlarda dunyoning toʻrt burjini koʻrmoqqa qodir. Karvonboshi ana shularni ham e’tiborga olib xizmatga zoʻr bermoqda edi. Umrining asosiy qismi mana shu sahroyi yoʻllarda kechgan karvonboshi uchun har bir nimarsaning, har bir hodisotning zarradin kabiri qadar hisob-kitob etmoq odat edi. Ehtimol shuning uchundirki, savdogarlar va umuman safarni ixtiyor etganlar orasida uning obroʻsi baland edi... U oʻz vazifalarini bajarib boʻlgach, ertaroq uyquga yotdi.

Xayyom mudom boyagi oʻy-xayollar ta’sirida boʻlganligi uchunmi, olov qoshida ancha oʻtirdi. Idish-ayogʻu dasturxonni yigʻishtirib qaytgan Mahmud ham olovni kovlash va kuchaytirish bahonasida unga hamroh boʻldi. Andishada biroz oʻtirgach, jur’at qilib shoirni savolga tutdi:

-Hazratim vaziri a’zamning qanotiga borayotgan emishlar?-dedi iloji boricha ovozini koʻtarmaslikka urinib.

Xayyom olovga tikilib oʻtirardi va Mahmudning soʻrovidan keyin ham holatini oʻzgartirmadi. Olovga termularkan, ehtimol roʻparasidagi sodda yigitning samimiyatga yoʻgʻrilgan ovozi ta’siridanmi, balki boshqa sababdanmi, butun vujudi jimirlab, goʻyo ichidan nimadir chiqayotganday, oʻzini ikkiga ajralayotganday his qildi.

-Men senga hazrat boʻldimmi? -dedi beozor ta’na ila va shu gapi ortidan haligi holatidan mosuvo boʻldi.

Mahmud beodoblik qilib qoʻydim shekilli deya oʻylab, bezovtalandi, oʻzining avbosh (bebosh) komi (istagi)dan taassuf qildi.

Biroq hali uning xafsalasi pir boʻlib ulgurmay, oʻz hazilining noxush oqibatini bartaraf etishga shoshilgan Xayyomning taskinlovchi ovozi eshitildi:

-Hgʻizlarda oʻzidan yoshi ulugʻlarni ne deb e’zoz etadilar?

Mahmud shoirning olov shu’lasida yaltiragan koʻzlariga maqsadi ne ekan, degandek hadiksirab boqarkan, xiyol choʻzib dedi:

-Ogʻoyi derlar.

-Unda meni shunday atay qol.

Soddadil oʻgʻiz yigiti Xayyomning murodini dabdurustdan anglayolmay tek qotdi, soʻng koʻzlari chaqnab, baquvvat yirik tishlarini koʻrsatib, jilmayarkan, oʻng qoʻlini koʻksiga qoʻyib, bosh egdi.

Xayyom ham bosh silkib, uning haligi savoliga qaytdi:

-Filhaqiqat, vaziri a’zam Nizom ul-Mulk janoblarining dargohlariga bormoqdamen.

-Meni ham oʻz xizmatingizga olsangiz, har ne yumush boʻlsa boʻyin tovlamasdim.

Shoir «inshoolloh» deb qoʻydi-da, hordiq olmoqqa shaylandi. Karvonboshining oʻng yonboshidagi bistar (toʻshak) ustiga choʻzilib, jundan toʻqilgan yopinchigʻiga burkandi...

Olamni buzguday faryoddan choʻchib uygʻonib ketdi. Koʻzlarini ochdi-yu yonboshida toʻlgʻonayotgan karvonboshini koʻrdi. U chap qoʻlini bagʻriga bosgancha «Ilon! Ilon!» deya dodlardi. Xayyom irgʻib oʻrnidan turdi-da, bir siltanib karvonboshiga yetdi va uning soʻl bilagidan tutarkan, olov boshida nima qilishini bilmay garangsib turgan Mahmudga hayqirdi:

-Yorugʻ keltir!..

Mahmud olov ichidagi eng baralla yonayotgan saksovul shoxini sugʻurib olib, bir irgʻib Xayyom ustiga keldi-da, karvonboshining bilagiga yorugʻ tutdi. Uning bilagidagi qon sizgan jarohatni koʻrgan shoir tabobatdan boxabarligi bois sarosimaga tushmadi, nihoyatda tezlikda karvonboshining belbogʻini yechib, tirsagining yuqorisidan qisib bogʻladi. Soʻng hamon talvasaga tushayotgan karvonboshining bilagini ikki qoʻllab mahkam tutib, jarohatiga lab bosdi. Uni qattiq-qattiq soʻrib, yonboshiga tuflayverdi. Oxirgi soʻrishlarida karvonboshi kuchliroq ingradi. Xayyom oʻz nazdida jarohatdagi zaharni soʻrib tashlagach, bir-ikki tomoq qirib, ketma-ket tufladi-da, Mahmudning qoʻlidagi miltirab yonayotgan saksovul shoxini shitob tortib oldi va unga buyurdi:

-Bos!..

Mahmud uning gapini tushungan boʻlsa-da xoʻjayinini bosishga haddi sigʻmadimi yoki qayerini bosishni oʻyladimi, tek turib qoldi.

-Yelkasidan bos deyman!.. -deya doʻq urdi Xayyom betoqatlanib.

Mahmud xoʻjayinining koʻkragiga oʻng tizzasini qoʻyib, ikki qoʻli ila ikki oyogʻini bosdi. Xayyom esa karvonboshining oʻng qoʻlini tizzasi ostiga olib, chap ilki ila jarohatli qoʻlini mahkam yerga tirab, qip-qizil choʻgʻni ilon chaqqan joyga bosdi. Karvonboshining tanasi jizillab kuydi, atrofga qoʻlansa hid taraldi. U ogʻriq dahshatida bir-ikki kuchanib siltandi, oh urdi, biroq zabardast Mahmudning changalidan xalos boʻlolmadi. Ana oʻsha zoʻriqishlar asnosida xushidan ayrilib, jimib qoldi.

Xayyom xurjunidan turli giyoh va jonivorlarning a’zolaridan tayyorlangan malhamni olib, xushsiz karvonboshining jarohatiga surdi-da, bogʻlab qoʻydi. Soʻng joyiga yaxshilab yotqizarkan, uning yuzidagi terlarni artib, ustini yopdi va Mahmudga dedi:

-Ertalabgacha istimalaydi. Ora-sira ichirgali xapdoru tayyorlab berurmen. Inshoolloh, tuzalib ketgay?!

Xayyom shundagina atrofiga e’tibor qildi-ularni karvonboshining faryodidan uygʻonib ketgan odamlar oʻrab turishardi.

-Bu bahoriy ayozda ilon inidan chiqmasligi joiz erdi. Fikrimcha, oxirgi tunagan karvonsaroyimizda yuklarning ichiga kirib olgan boʻlsami.-deb qoʻydi shoir oʻziga oʻzi gapirayotganday va Mahmudga qayrildi. -Ertalab jamiki yuklarni bir bor koʻzdan kechirmoq lozim. Ul mori gazanda uzoqqa ketmagan chiqar.

Uchinchi bob

Mahmudning gʻoyib boʻlganidan xabar topgach, Xayyom uning ortga qaytmasligiga, rasadxona esa bir mohir sangtaroshdan judo boʻlganligiga ishondi. Chunki u Mahmudning fe’lini juda yaxshi bilardi. U qaysar va jasur edi, doʻstu yor uchun jonu tanidan kechmoqqa qodir edi. Suyuklisi goʻzal Rayhona uchun esa oʻshal jonu tandan ortigʻini ham baxshida qilmogʻi mumkin edi. Uning fe’li shunday edi, fe’l esa Ollohdan. Magʻrib Mashriqqa ogʻib, Jayhun Sayhunga quyilishi mumkindir, vale Odam alayhissalom farzandlarining fe’li evrilibdi desalar, shoir aslo ishonmagʻay. Demakki, Mahmud sangtarosh ham oʻz yorining hech qursa izini, joizki, oʻlik yoxud tirigini koʻrmaguncha qoʻymas. Xayyom undan butkul umidini uzdi. Shul bois panjshanba subhida bosh bozorga bormoqni, rasadxona uchun asbob-anjom va turfa xil boʻyoqlar xarid qilmoqni ixtiyor etdi. Bahonada yoʻliqsa, qurilish uchun bir-ikki xizmatgar hamda bilgichroq sangtarosh yollamoq ham niyati bor edi.

Ertalab Xayyom, yosh munajjim Abul Muzaffar al Isfazariy, rasadxona korfarmosi (ishboshisi) otda va ikki chuhra (xizmatkor, gʻulom) arobada bozor sari yoʻl oldilar.

Isfahonda bir necha bozorlar mavjud edi-katta-kichik, hatto ba’zilari ma’lum biron nimarsa nomi bilan ham atalguvchi edi. Eng katta bozor esa shaharning rasadxonaga qarama- qarshi tomonida joylashgandi. Unga yetmoq uchun masjidu madrasa, Sulton saroyi va shohmaydonni yonlab oʻtmoq joiz edi. Shahristonning koʻchalariga tekis qilib tosh yotqizilgan, ikki yonida esa ajib bir did va reja ila ikki qavatli doʻkonlar bino etilgandi. Ularning pastki qavati savdo-sotiq uchun boʻlsa, yuqori qismi mol saqlamoq, ba’zilarga hatto yotib-turmoq hayot kechirmoq uchun xizmat qilardi. Doʻkonlar oldidan kichikroq ariq oʻtgan boʻlib, uning ikki chetiga sarv va sapidor (terak)lar oralatib oʻtqazilgan, ularning ostiga esa turli gullar ekilgandi. Shahar ahli koriz (er osti quvur)lardan oqib kirguvchi ana oʻsha ariqlardan suv ichardi. Isfahon tarix sahifalarida bejiz «Yashil shahar», «Gul shahar» deya nom qoldirmagandi. Ayni damda daraxtlar barg chiqarmagan. Yalangʻoch, gullar ham hali gʻunchalamagan boʻlsa-da, shaharning bir oy oʻtgandan keyingi husnu jamolini tasavvurga keltirish qiyin emasdi.

Darhaqiqat, shahri azim Isfahon buyuk saltanatning dorulsaltanati oʻlaroq bisyor orasta, pokiza va muhtasham edi. Shuningdek, shaharda bahoriy bir uygʻonish kezmoqda ediki, goho-goho koʻklamga xos yumushlar ila band boʻlgan kishilar ham koʻzga tashlanardi. Boz ustiga undagi sahargi osudalik qulogʻu koʻngillarga xush yoqsa, bir maromda «taq-tuq» qilayotgan ot tuyoqlari boʻlmasa-da, arobaning gʻiytillashi va gʻildiraklarining tosh yoʻlda aylanishidan chiqqan ovoz kishiga xiyol noxush tuyulardi. Bu ayniqsa, ayni damda koʻngli sabuhiy na-siymlar yangligʻ musaffo va jazbali boʻlgan Xayyomga oʻzgacha ta’sir etar, yanaki bu mutaassirlik ortidan «balki bozorga bormaganim durustmidi», deya nadomat ham qilib qoʻyardi. U oʻz mavqei va xizmat burchiga binoan bozorga bormasa ham, xarid xususida korfarmoga amr etsa ham boʻlardi. Vale oʻzi xoʻp va koʻp mehr baxsh etgan rasadxonaga sangtarosh yoki oddiy boʻyoqchi qiyofasida qandayin odam kelishidan tashvishga tushardik. Shoir bu andisha ila avvalo oʻz koʻnglini ehtiyot qilsa, shu kabi, rasadxona ahli orasida ftina-yu noahillik paydo boʻlmogʻidan ham saqlanardi. Bundan tashqari, u savdo-sotiqni, toʻgʻrirogʻi, bozorni mutlaqo xush koʻrmas, unga kirdi nafasi boʻgʻilib, koʻksida ogʻir bir tosh bino boʻlgandek tuyulaverardi. Bozor ahliga boqib, biron soʻz demoqqa mayli ham, xohishi ham qolmasdi. Bu mol bozoridagi oldi-sotti avjiga mingan bir paytda ahli bozorga qarata she’r aytmoq bilan barobar edi. Illo shu fe’li ila ham uning bozorga bormoqdan tiyilmaganligi muddaosining chandon muhimligidan dalolat edi.

Bozor qoshida ot-ulovlarni qoldirish uchun maxsus manzil mavjud edi. Ular ham aroba va otlarni oʻsha yerda omonat qildilar.

Bozorning bosh darvozasidan soʻl tarafga yurilsa, meva-cheva, sabzavot va kappon rastalariga oʻtilardi. Toʻgʻriga borilsa, bazzozlik doʻkonlari boʻlib, turfa rangdagi matolar yoyib tashlangandi. Filhaqiqat, Isfahon oʻzining shoyi va paxtadan tayyorlangan gazlamalari bilan mashhur edi. Bu borada poytaxt hunarmandlari ancha nomdor edilar. Shuningdek, matolarga gul bosish san’ati ham bu yerda oʻzgacha darajotga yetgan ediki, Isfahon gazlamalari guli hamda boʻyoqlarining tiniqligi va turfaligi bilan ajralib turardi. Dorulsaltanatda boʻyoq tayyorlash, teri oshlash, kitobotchilik hunarlari ham bisyor rivoj topgan edi. Hsha bozzozlik rastalarining adogʻida boʻyoq tayyorlovchilar, koʻnchilar va kitobdor ustolarning doʻkonlari qatorasiga qurilgandi. Bozorning bu qismlari ham juda gavjum edi.

Hng tomonda esa eshiksozlik, beshiksozlik, kulolchilik, temirchilik, naddoflik (ip yigirish) kabi rastalar joylashgandi. Bu qism xiyla shovqin-suron, yanada aniqrogʻi, taqir-tuqirdan iborat tovushlarga makon edi. Mazkur rastalarning oxiridagi maydonda ish izlagan hunarmandlar, mardikorlar va hatto darveshu gadoylar joy olishardi. Bu yerda ham baqir-chaqir yetarli edi.

Shoir hamrohlarini oʻng tarafga boshladi. Niyati-eng avvalo usta bir sangtaroshni yollamoq edi. Rastalar yonlab borarkanlar, yosh Isfazariy shoirning yuzida iztirobmi, ma’sum koʻnglidan oqqan ozormi aks etganini koʻrib, uni biroz andarmon etgisi keldi. Yaqinginada Isfahon Nizomiyasini xatm qilib, ustozlari tavsiyasiga binoan rasadxonaga, Xayyom huzuriga kelgan bu olim yigit ilmi nujum hamda ilmi riyozatda bilgich edi. Shu bois tez orada Xayyomning hurmatiga, e’tiboriga musharraf boʻldi. Shu bilan birga, Isfazariyning biroz shumligi, shoʻxligi ham mavjud boʻlib, vaqti-vaqti bilan kishini mutoyibaga chorlamoq oyini (odati) bor edi. Xuddi shu fe’li goho shoirga xush kelar va aksariyat hollarda uning beozor shoʻxliklari gʻashnok qalbini tarabnok (xursand) etardi.

-Ustoz,-dedi Isfazariy ovoziga shoʻxlik bagʻishlab,-Olloh taboraka taologa hunarmandlar yovuqroqmi yoxud olimlar?

Xayyomning tundlashgan yuzida tabassumga moyillik paydo boʻldi. Isfazariyga koʻz qirini tashlarkan,

-Koʻngil yovuqroq. Illo banda oʻz egasini qalbida kashf etmay turib, unga yaqinlasholmaydi.-dedi shunchaki soʻzlayotganday. Bir muddat jim borgach, qoʻshib qoʻydi:

Olloh bu dunyoi bozorga boqib, bandalarining nafs junbushidan yoqa tutgan chiqar. Bir-ikkisining orasinda biz shunchalikmiz, barchasidin ogoh zot ne koʻyda ekan?

Isfazariy mamnun jilmaydi- mana, endi haqiqiy ustoziga oʻxshadi, uning mutoyibali soʻziga mos soʻz aytdi.

Xayyom hali yosh, yanaki boshkentga kelganiga endigina ikki yil boʻlgandi. Shul bois uni hali koʻpchilik tanib ulgurmagan, xalq orasida unchalar shuhrat topmagandi. Hozir ular rastalar yoqalab borar ekanlar, ora-sira berilgan salomlarga alik olardilar. Shoirni tanigan kishilar esa yonidagilarga ma’noli qarab qoʻyishar yoki unga tavoze ila salom bergach, «sizni tanib qoldim», deganday bosh qimirlatishardi. Yoshroq, ilmpesharoqlari esa bir-birlariga «Xayyom hazratlari, Xayyom hazratlari», deya shivirlashardi. Lekin bu kabi siylov-soʻrashuvlar sezilmas darajada siyrak boʻlib oʻtardi.

Rastalar adogʻidagi maydonga chiqdilar. Bu yer yanada gʻala-gʻovurga toʻla edi. Ayniqsa, maydonning soʻl yonidagi janda kiygan darveshlarning ovozi boshqa tovushlarni bosib ketadi...

Oʻng tomonda, maydonning chetida oʻtirgancha nimalarnidir mingʻirlayotgan odam Xayyomning e’tiborini tortdi. U bir paytlar kulrang boʻlgan, lekin hozir oʻngib ketganidan tusini ham anglab boʻlmas holatda kirlagan choponi ustidan eski belbogʻ bogʻlab, unga mul (may) uchun ayoq (idish, xumcha) ilib olgandi. Boshida quloh, sochi, mosh-guruch soqoli oʻsiq, kirlagan edi. Boʻy-basti pakanaga monand, yuzi dumaloq, koʻzlari suzilib boqadi.

Shoir unga yovuq keldi. Bozor shovqinidan uning mingʻirlashini ajratmoqqa urinib, diqqatini jamladi. Nafaqat olatasir bozorni, balki butun olamni unutgan bu odam she’r oʻqirdi. Bir payt u Xayyomning nigohini sezdimi yoxud boshqa vajhdanmi, shahd boshini koʻtardi-da, darvishlar tomonga qarab she’r oʻqiy ketdi. Uning ovozi biroz xirqirab chiqar, biroq devona bir kayfiyatga yoʻgʻrilgani bois yoqimli eshitilardi:

Mugʻona bodadin mast boʻlsam bordur,
Oshiqu rind, budparast boʻlsam bordur.
Har kim meni har xil gumon qiladi,
Qandayligim faqat menga oshkordur.

Darvishlarning ba’zi gʻofilroqlari, unga ola qarash qilib, «astagʻfurilloh!» deya na’ra tortdilar.

Xayyom gʻalati boʻlib ketdi. Avvallari boʻlganidek butun vujudi titrab, ichidan bir narsa sidirilib chiqayotgandek tuyuldi. Shundayin bir jazba ila yoqasin chok, jismini pora etib, faryod urmoq istadi. U goʻyo ikkiga ayrilmoqda edi. Biroq roʻbaroʻsidagi odamning koʻzlariga yoʻliqqan birinchi boʻlagi uni faryoddan toʻxtatdi. Hqilgan ruboiy Xayyomniki edi.

-Kimsiz?-soʻrdi u ovozi titrab.

-Bir mulparastmen?-dedi haligi odam yelkalarini silkitib. Uning oqshaygan yelkalariga boqib hammolligini fahmlagan shoir yana soʻroqqa tutdi:

-Qayerdansiz?

-Ollohdin!..

Bu javobni eshitgan Xayyom har doim berilguvchi savolning ikkinchi qismini tiliga chiqarmoqdan tiyildi. Chunki hammolning javobi qandoq boʻlishini anglab yetdi. Shuning uchun ismini soʻrab qoʻya qoldi.

-Yusuf derlar meni.-dedi u hirqiroq ovoz ila.

-Rasadxonaga chorlasam borurmisiz?

Yusuf shoirga qattiqroq tikildi.

-Vo-oh!-deb yubordi u oh urib, -Xayyom hazratlarining diydorigʻa musharraf boʻldimmu, yo, Olloh!.. Axir endigina sizning oʻtligʻ satrlaringizni oʻqimagan edimmi! - Tavoze ila kelib, mehnatdan qadoqlangan, egri-bugri barmoqli qoʻllarini shoirga uzatdi.

-Assalomu alaykum, yo, zoti sharif!..

Shoir ham qoʻsh qoʻllab koʻrishdi.

-Bir umr oshiyoningiz gardin aritsam shodmen.-deya bosh egdi Yusuf ehtiros ila.

Shoir uning soʻzlaridan va ayniqsa, ulardagi ehtirosdan mutaassir boʻldi.

Ular Yusufni ergashtirib soʻl yoqqa yurdilar. Darvishlar yonidan oʻtib, ayiq oʻynatayotgan odamga roʻbaroʻ keldilar.

Ayiq oʻynatuvchi juda basavlat boʻlib, qalin soqol-moʻylovi malla tusli, koʻzlari moviy edi. U musulmoncha kiyinib olgan boʻlsa-da, aft-angori muslimga oʻxshamasdi. Biroq belida zunnori (musulmon boʻlmaganlar bogʻlab yuruvchi chilvir) yoʻq, demak, muslim. U chap ilkida ayiq bogʻlangan zanjirni tutib, oʻng ilki ila turli harakatlar qilar va ayiqqa shunga monand har xil buyruqlar berib, uni idora etardi. Aslida qoʻngʻir tusli boʻlgan ayiq ayni damda kir-chirligidan toʻq kulrang holga kelgan, junlari gadoning juldur choponi yangligʻ koʻrinardi. U ozib-toʻzib ketgan, biroq aslida bahaybat boʻlganidan yirik ustixonlari turtib chiqqan va shul boismi, vajohatli tuyulardi. Lekin egasining buyruqlarini ikki oyoqlab turgancha itoatkorona bajarishidan birovga ozor yetkazmasligini anglash mumkin edi. U maymoqligi yetmaganday yana ajabtovur qiliqlar qilib, atrofdagi tomoshabinlarning zavqini keltirib, kulgusini qistatardi.

Xayyom ham zavq ila unga tikilib qoldi. Uning zavqini anglagan Yusuf oʻzgalarga eshittirmaslikka urinib, asta soʻz qotdi:

-U olis shimol yurtidan boʻlur, nomini oʻrus derlar. Isfahonda yaqinda paydo boʻlmish. Ilkidin kelmay-durgʻon yumush yoʻq koʻrinadur.

Surishtirgach, bildilarki, uning oti asli Mixail ekan, Islom dinini qabul qilgach, Mikoil deb oʻzgartiribdi. Turkiy va forsiyda zahmatsiz soʻzlashmoqqa qodir, Yusuf aytmoqchi, koʻp hunarlar sohibi, jumladan, sangtaroshlik, naqqoshlik borasida ham ustoligi bor ekan. Shoir uni ham ishga yolladi...

Toʻrtinchi bob

Rasadxona hovlisi xiyla keng edi. Sahniga tosh yotqizilib, ixotalangan aylanalar ichiga mevali daraxtlar va gullar ekilgan. Ikki yondagi ikki qavatli gʻishtin binolar turli hajmdagi oshyonalardan (xonalardan) iborat, barcha oshyonalarning eshiklari rasadxona hovlisiga qaragan. Hngdagi binoning ikkinchi qavatidagi bir necha xonalardan iborat eng katta oshyonaga Umar Xayyom joylashgan boʻlib, unda sohib devon (bosh vazir) shoirga in’om etgan bir kanizak ham istiqomat qiladi. Xayyomning ikki yonida hamda soʻldagi binoning ikkinchi qavatidagi kichikroq oshyonalarda esa munajjimlar-Abul Muzaffar al Isfazariy, Maymun ibn Najib al Vositiy va boshqa olimu tolibi ilmlar qoʻnim topmishlar. Pastdagi hujralarda boʻlsa, rasadxonaning korfarmo boshliq xizmatchilari, qurilishda mehnat qilayotgan hunarmandlar, chuhra va boshqalar yashaydilar. Htinxona, qozonu oʻchoq va omborxona ham oʻsha yerda joylashgan.

har ikki tarafdagi bu binolar roʻparadagi bosh binoga ulanib ketgan. Rasadxonaning asosiy binosi ham ikki qavatli boʻlib, togʻ toshlaridan bunyod etilmoqda edi. Uning birinchi qavati bitkazilib, ish ikkinchi qavatda davom etardi. Bu bino Xayyomning tarxi asosida bunyod etilar, uning ikkinchi qavatida ulkan bir xosxona barpo etmoqqa kirishilgandi. Bu xosxonadagi ishlar nihoyasiga yetgach, unda Xayyomning rejasiga asosan ilmga xizmat qiluvchi moʻ’jizalar tiklanishi moʻljallanmoqda edi. Rasadxona binosining har ikki qavatidagi boshqa xonalarda buyuk saljuqiylar saltanatiga dunyoning koʻplab mamlakatlaridan olib kelingan, taklif etilgan olimlar ilm ila mashgʻul boʻlishib, kuzatishlar olib borishar, hisob-kitoblar oʻtkazishar, turfa tarxlar chizishib, koinot sarhadlariga yetmoqqa intilishardi. Bu ishlarning bari shaxsan Sulton Jaloliddin Malikshoh ibn Ali Arslon Saljuqiy va vaziri a’zam Abu Ali hasan ibn Ali at Tusiy-Nizom ul Mulk homiyligida, Abul Fath Umar ibn Ibrohim Xayyom-Nishopuriy boshchiligida olib borilardi. Shuning uchun ham jamiki yumushlar pishiq-puxta, tartib-qoida bilan bajarilar va hamisha rasadxona uzra yorqin bir nur suzib yurganday, ehtimolki, bu nur undagi kishilarning qalblariga tutashday tuyulardi. Rasadxonadagi olimlar, ilmi tolib va xizmatchilar, ayniqsa, unda olib borilayotgan yumushlar aslo moddiy taqchilikka yoʻliqmasdilar. Ayonki, bu rasadxona buyuk Saljuqlar saltanatining, xususan, Sulton Malikshohning faxru iftixoriga aylanmoqda edi.

Yusuf va Mikoil oʻng tomondagi binoning birinchi qavatida-Mahmud yashagan hujraga joylashdilar. Ayiq esa Xayyomning ijozatiga binoan oʻtinxonadan makon topdi.

Xayyom shom namozini oʻqigach, taomlandi. Taomdan soʻngra esa kanizagi keltirgan iliq suvda qoʻlini yuvib, ogʻzini chayqadi. Ayni paytda u ajib bir ishtiyoq ila anchadan buyon yozayotgani riyozatga, xususan, jabrga oid asarini davom ettirmoqqa oʻzida ragʻbat seza boshlagandi. Hychan qiyofada xontaxta yoniga oʻtirib, davotni ochdi va ilkiga xomani (qamishdan tayyorlangan ruchka, qalam) oldi. Biroq xomani qogʻozga tekkizar-tekkizmas xayoli chalgʻidi, haligina koʻnglida joʻsh urgan ilhom baxsh ehtiros endi uni olis xotiralar girdobiga tortdi. Ona shahri Nishopur bagʻrida oʻtgan bolaligi, ilmga havo yangligʻ tashna boʻlgan damlari yodiga tushdi. Hshanda oʻn yoshdamidi... Foyibona ustozi boʻlmish Ibn Sinoning kitoblaridan bosh koʻtarmasdi, na kun, na tunning farqiga borardi. Ilmi hisobga oid asarlarini goʻyo goʻzal bir doston misol oʻqir, ayniqsa, bu ilm bilan endi-endi shugʻullana boshlaganligidan sehrli raqamlar oʻyini uni hayratga solardi. Raqamlarning moʻ’jizakor bu oʻyinlarini Ibn Sino ajib sodda, shuningdek, maftunkor bir yoʻsinda tasvirlab bergandiki, birozgina kirishib qolgan odamni asir etardi qoʻyardi.

Dunyoda faqatgina moʻ’zijalar kutib, unga hayrat ila boquvchi bolakay Umar uchun Shayxurraisning «Al hisob» asari ulugʻ bir olamga olib kirguvchi qutlugʻ bob (eshik) vazifasini oʻtagan boʻlsa ajabmas... Xayyom asarning raqamlar xossalari haqidagi birinchi faslini esladi. Hamon ilkida turgan xoma bilan oʻzga niyatda ochgan qogʻozga beixtiyor raqamlarni yoza boshladi. Mana, uni ilk bolalik chogʻlaridanoq asir etgan oddiygina raqamlar: 1, 2, 3, 4, 5... Raqamlarning bu turishini Ibn Sino «raqamlarning tabiiy qatori» deb belgilagandi. Ha, Xayyom biladi-sonlar bashariyat kashf etgan eng buyuk moʻ’zijadir. Balki olamning asosini ham shu oʻntagina raqam tashkil etar. Ularning kuch-qudrati nechogʻli ekanligi faqatgina Ollohga va ularning sehru jodusini anglagan zotlargagina ayon. «har bir son yonidagi kichigi bilan kattasi yigʻindisining yarmiga teng hamda oʻzidan shunday teng uzoqlikdagi sonlar yigʻindisining yarmiga teng». Bu Ibn Sinoning Xayyom uchun yod boʻlib ketgan soʻzlari edi. Masalan, «5»ni tanlasak, Xayyom shu xayol bilan qogʻozga «5» sonini yozdi. Uning yonidagi kichigi- «4», kattasi -«6», ya’ni, 5=(4+6):2. Huddi shuningdek, 5 dan 3 va 7, 2 va 8 ham teng uzoqlikda joylashgan, ya’ni 5= (3+7):2... Bu esa dunyodagi hamma narsa hisob-kitobli, yanaki Buyuk Zotning hisob-kitobiga taalluqli ekanligini koʻrsatmaydimi? Raqamlar ham xuddi soʻz kabi sehrga ega.

Xayyomning lablari xiyol qayrilib, yuzida mamnunlik aks etdi. Yana «Al hisob»dagi soʻzlarni eslay boshladi. «har bir sonning ikki barobar uzoqlikda joylashgani oʻsha sonning oʻziga teng boʻladi». U zavq bilan tez-tez yoza boshladi: masalan, 3 ning 2 barobari 6 boʻlib, bu son 3 dan hisoblaganimizda uchinchi oʻrindadir. Ya’ni 3.2=6---3 ----4, 5, 6...

Ibn Sino bu kitobini yozishda yunon olimi Uqlidus (Yevklid)ning «Ustuksot» asaridan foydalangan. Darvesh, Uqlidus yodiga tushdi. Bu olimning falsafiy qarashlari Xayyomni hamisha oʻyga toldiradi. Uning isbot talab qilmaydigan «qoida»lariga (postulatlariga) mudom isbotu dalil qidiradi...

Tashqaridan kelgan gʻalati ovoz shoirning xayolini boʻldi. Uning ne sas ekanligini bilmoq ilinjida kanizakni chorladi:

-Parmuda!

-Labbay, hazratim. -Uning qarshisida nazokat ila bosh egdi kanizak.

-Ne tovush keladir hovlidan?

Parmuda oʻziga yarashgan tabassum ila jilmaydi:

-Siz keltirgan odamning haligi ulkan mahluqi na’ra tortadur, hazratim.-dedi u bosh egib.

Xayyom kanizakning soʻzlaridan zavqlanib, unga gʻalati qarash qildi. Shu payt koʻnglida allanuchuk sogʻinch paydo boʻldi-da, sim-sim oqayotganday teyuldi. Kipriklarining osti achishdi, oʻrtandi va ichidan nimadir sidirilib chiqayotganga oʻxshadi. U «yo Olloh!» deya oʻrnidan turdi. Kanizakning yonidan oʻtarkan, dedi:

-Boqaychi, ul mahluq ne deyur!

Parmuda yana jilmaydi.

-Sen esa meni kutgil!-deya uni uyalishga majbur etgulik qarash qildi va tashqariga chiqib ketdi.

Aslida Xayyom choʻri tutmasdi, erandan xizmatkor saqlasa saqlardiki, kanizakni ixtiyor etmasdi. Parmudani esa yaqinda vaziri a’zam in’om etdi. Shoirning uylanmaganligi, yolgʻiz istiqomat qilishi va baquvvat vujudi uni shunday ish tutmoqqa undadi. Xayyomga bir she’riy ayol lozimligini payqadi, lekin bu mulohazasini unga aytmadi-yu kanizakni izmiga topshirdi.

Xayyom tashqariga chiqib, oshyonasining eshigi roʻparasidagi naqishnkor panjara yoniga keldi. Koʻksini toʻlatib nafas olarkan, choʻzib chiqarish asnosida toʻlin oy ziyosida oqish koʻringan koʻkka tikildi. Uzukning tillo koʻziday yaltirab, koʻngilga samoviy yengillik bagʻishlaguvchi sochqin yulduzlarga intiq termuldi. U butun umr ana oʻsha samoga intilib, uni oʻrganishga urinib yashadi. Bu hadsiz kengliklar siru sinoatga toʻla ekanligini bilganligi uchun ham unga talpindi. Undagi moʻ’jizakor borliq qalbini doimo rom etib keladi...

Quyidan nayning kishi bagʻrini oʻrtaguvchi xazin nolasi eshitildi. Bu nola haybatli, ulugʻvor va shuningdek, asrorli tunga shu qadar qorishib borardiki, quloq yoxud qalb na uni eshitardi, na tunni his qilardi. Balki tun va kuy ajib sirlilikka yoʻgʻrilgan dil bilan uygʻunlashib borardi. Samoviy xayollar xurujidan sarmast boʻlgan shoirning butun jismu joni jimirlab, qa’ridan nimadir sidirilib chiqa boshladi. Bu uning vujudida yashayotgan ikkinchi Xayyom edi. U tashqariga chiqdi-da, kipriklarining osti achishib, qarogʻi olovlandi. Keng, suyakdor koʻksini uzun barmoqlari bilan libosi ustidan goʻyo timdalaganday siladi. Yuzi iztirobli tirishib, sogʻinchli bir intilish bilan soʻlga yurdi...

U hovliga tushib, nay ovoziga intilgani sari kuy unga yovuq (yaqin) kelaverardi. Jon olgʻuvchi musiqor Yusuf va Mikoil joylashgan hujradan eshitilardi. Shoir pastak eshik qoshida bir muddat turib qoldi, chunki u eshik ochilishi bilan nay ovozi tanishini his etar va shu bois uning toʻxtashini istamasdi. Kuy avjiga kelib, nay eng yuqori pardada ingraganda ixtiyorsiz shiddat bilan eshikni turtib yubordi. Eshik taraqlab ochildi, zanjiri shaqirladi. Kuy uzildi. Choʻchib tushgan hamxonalar baqraygancha bir lahza qotdilar. Soʻng birinchi boʻlib oʻziga kelgan Mikoil irgʻib oʻrnidan turdi, qoʻlida nay tutgan Yusuf sarmast bir alpozda unga ergashdi. Shoshib salom berdilar. Shoir alik olgulik holatda emasdi. Uning koʻzlari olovday yonar va oʻchoqda xonani ham isitib, ham yoritib yonayotgan olov bu koʻzlarga nisbatda anchayin ojizday tuyulardi. Yuzi qizarib, boʻgʻriqib ketgan, qosh, koʻz ham haligi olovga qoʻshilib yonardi goʻyo.

-Toʻxtamangiz!-dedi shoir iltijoli titroq ovozda ilki ila Yusufga ishora qilib.

Uning ahvolini Mikoil anglamagan boʻlsa-da, Yusuf darhol fahmladi va shoirni toʻrga- ixcham xontaxta yonidagi boʻyraga oʻtqazib, nayni labiga bosdi. Yor labiga qovushgan oshiq oh urdi goʻyo. Shoir koʻzlarini yumib, kuyga monand tebrana boshladi. Hozir u hech narsani koʻrmasdi. Oʻchoqdagi olovdan qoraygan bu tor hujra, undagi gʻaribona ashyolar, haligina bozor changiga qorishib, tirikchilik ilinjida har koʻyga tushgan mana bu odamlar uning uchun farqsiz. U bularning bari bilan birga edi. U dunyoda yolgʻiz edi. Bagʻrida oʻzi ham anglamagan ulugʻ bir kom toʻlgʻonardi...

Mikoil qoraygan sopol piyolaga ayoqdan achimsiq hidli, arpadan tayyorlangan arzon boʻzani quyib, Xayyomga uzatdi. Shoir koʻzlari yumuq boʻlsa-da, buni payqadi, piyolani olib, bir zarbda sipqordi. Yuzi bujmayib, oʻz tebranishi ila musiqaga jadalroq joʻr boʻldi. U kuydan, yashashdan, boʻzadan, mana bu davradan va umuman dunyodan maxmur (mast) edi.

Rosa oʻrtanib ingrangan kuy nihoyat tindi. Uning ortidan Yusufning xirqiroq, lekin yoqimli ovozi eshitildi. U she’r oʻqirdi:

Mehrobga sajdadan nima ham foyda,
Dilda Buxoro-yu Taroz jononi.
Namozni yoqtirmas mening xudoyim,
Unga maqbul tushar ishq gʻalayoni...

-«Odami shuaro»! (Abu Abdullo Rudakiyning laqabi. Uni birinchi shoir ma’nosida Odam alayhissalomga nisbat berishib, shunday atashgan)-dedi Xayyom past ovozda va oʻzi ham oʻrtanib Radukiyning baytidan oʻqidi:

Toʻlin oydek nigor birlan aqiq may, cholgʻu boʻlsa, voh,
Farishta ham tushar koʻkdan, tushar joy boʻlsa hamki choh.
Nechuk uzgum nazar undan, zarar topsa imonim gar,
Mozorimdan chiqar hattoki nargis, qovjirab giyoh.
Uning ishq lazzati jannatda ham aslo topilmas shahd,
Kechar oʻz holidan kimki agar bir bor boʻlur ogoh.
Koʻzingda kuppa-kunduz gar xari boʻlsa koʻrolmaysen,
Koʻrursen qop-qora tun oʻzga koʻzi ichra choʻp nogoh.

Soʻng Yusufga yuzlanib, dedi:

-Kimsiz? Bu fano dahrida ne shoʻrishlar yogʻilmish boshingizga?!

Yusuf yutoqib koʻksini silarkan, yana boyagidek xazin, biroq yoqimli ovozda she’r oʻqishga tushdi:

-Men ul rindmenki, nomimdir qalandar,
Na xonumon, na uy koʻrdim, na langar.
Koʻchang kezdim, chiqib qolsang mabodo
Fido etmoqqa boshimni muqarrar.
(Bobo Tohirning ruboiysi)

U she’rni tugatib, biroz tin oldi-da, oʻz kechmishini muxtasar hikoya qilib berdi.

Yusuf asli Buxorolik edi. Otasi mohir xattot boʻlish bilan birga usta kitobatchi, ya’ni kitob muqovalovchi ham edi. U kishi juda ilmparvar va shuning orqasidan fozil zotlarni qadrlar, ularni dunyoning ustunlari deb bilardi. Hzi Islomiy ilmlarni puxta bilguvchi mullo zot ersa-da, kishilar bilan boʻlguvchi muomalotda irq, din tanlamasdi, barcha «Ollohning quli» degan aqidaga tayangan holda qaraguvchi edi. Shul sababli ham yolgʻiz oʻgʻli boʻlmish Yusufni boshidanoq ilm shikoriga soldi. Yusuf avvaliga oʻz mahallasidagi domullodan xarf oʻrganib, ibtidoiy bilimlarni olgan boʻlsa, keyinroq Buxorodagi katta madrasada tahsilni davom etdirdi. U juda ilmga chanqoq edi. Falsafa, fikh kabi ilmlardan tashqari, she’riyat hamda musiqiyga ham oʻch edi. Mana shu ixlosu intilishlari oʻlaroq ulugʻ orzular iskanjasida yashardi. Biroq uning baxtiyor va osuda damlari qisqa ekan. Illo oʻsha yillari Buxoroni Mahmud Faznaviy lashkarlari ishgʻol etdi. Ular shaharni vayron qildilar, Buxoroning ulkan kutubxonasidagi durdona kitoblarni, ya’niki diniy boʻlmagan risolalarni olovga otdilar, oʻzga dinga mansub odamlarni qatl om etdilar. Qadim Buxoroda qad rostlagan kalisa-yu kunishlar (nosaro va otashparastlarning ibodatxonalar) buzib tashlandi. Faznalik Mahmud oʻzini islomparast qilib koʻrsatgani bilan oʻta zolim edi va shu ahvoli bilan kitoblarda bashorat qilingan lashkarboshi boʻlishga, butun musulmon dunyosiga hukmdorlik qilishga da’vogar edi.

Hsha qqirgʻin boʻlayotgan kunlari Yusufning otasi bir yahudoning jonini saqlab qolish uchun yashiradi. Biroq bu gap chaquv tufayli bosqinchilarning yuzboshilaridan birining qulogʻiga yetib boradi. Alhol Yusufning otasini ham yahudoga qoʻshib qoʻlga oladilar. Hsha yerning oʻzida yahudoni oʻtda kuydiradilar, Yusufning otasini esa dorga tortadilar. Yosh yigitcha boʻlmish Yusuf bu dahshatlarning borini oʻz koʻzi bilan koʻrib turadi va oʻsha kundan boshlab mullabachchalikni tashlaydi, namozni tarki odat qiladi. Kichkinagina sallasini boshidan olib, uloqtiradi va qalandarga oʻxshamagan qalandarga aylanadi. Mayga oshno tutinib, faqirlikda dunyo kezadi. Faqirlik, tanholik va sayohat koʻngil koʻzini ravshanlashtirib, devonavash hamda dilbar bir zotga mengzaydi. Keza-keza nihoyat Isfahonda qoʻnim topadi.

Xayyom sarxush bir alfozda uning hikoyasini tinglarkan, ayni damda mana shu devona insonga juda-juda oʻxshagisi kelib ketdi. Uning kabi jamiki nimarsalardan yuz burmoqni, faqatgina ilm va she’r ishqida yashamoqni istaguvchi bir ishtiyoq bagʻrida joʻsh urdi. Yusufga havas ila boqarkan, dedi:

-Siz bizning nozik fe’lli, ya’nikim oʻzingiz lutf qilganingizdek, rindiy bir mahramimiz boʻlgʻaysiz. Va rizoligingiz ila bugundan e’tiboran Rindoniy tahallusi sizningdir.

Yusuf sarxush koʻzlarini suzib, jilmaydi va shoirga minnatdorona ta’zim qildi.

Yusufning yodnomalarini eshitgandayoq Xayyomning qalbida ham shirin va shuningdek, ezgʻin xotiralar bosh koʻtara boshlagandi. U ham ona shahri Nishopurni, ota-onasi va olis bolaligini eslamoqqa tushgandi. Shoir Mikoilning umr hikoyasini uzuq-yuluq eshitdi. Ya’ni u olis Hrusiya zaminidan teri savdosi ilinjida mashriq sari yoʻl olganini va savdosi yuorishmay, vatandoshi boʻlmish ayiq bilan shu tomonlarda qolib ketganligini elas-elas ilgʻadi. Uning hkioyasi asnosida shoir Nishopurda-bundan oʻn olti yil narida, ota xonadonida roʻy bergan voqeotlar ogʻushiga singib ketdi...

Beshinchi bob

1

Buyuk olim Aburayhon Beruniy sulton Mahmudning Faznadagi zindonida umrining intihosini kutib yotgan kunlarda, ya’ni hijriy 441 (melodiy 1048) yilning koʻklami adogʻida, javzo eshik qoqib turgan bir kezda, samoning jamiki xos yulduzlari, sayyoralari zaminga xayrixoh yonguvchi kunda, qadim Nishopurda bir goʻdak dunyoga keldi. Uning otasi Ibrohim chodirdoʻz (Xayyom chodir tikuvchi degan ma’noni beradi) oddiy hunarmand boʻlsa-da, ilmli kishilarga ixlosi baland va qalban Islom nuridan bahramand inson edi. Shul sababli oʻgʻlining ismini xalifai roshidinlarning biri boʻlmish hazrati Umar nomi bilan Abul Fath Umar deb atadi.

Chodirdoʻz Ibrohim oʻgʻli Umar tugʻilganida bir muncha kambagʻal edi. Kasbi kori boʻlsa-da, ilki kaltalik qilib, hali biron mustaqil ish boshlamagan, birovlarga yollanib topgan puliga bazoʻr roʻzgʻor tebratardi. Oxir oqibat qashshoqlik uning joniga tegdi va Olloh yarlaqab daromad topish ilinjida Sulton Mahmud lashkariga sarbozlikka yollandi. Baxtiga Sulton oʻsha yili hind mamlakatiga yurish qilishga tadorik koʻrayotgan edi. Omadi kulib Ibrohim ham ana shu fathda ishtirok etdi, Mahmud Faznaviy koʻshiniga qoʻshilib, hind mulkini taroj qildi. Hsha yili Sulton olam-jahon oʻljalar-oltinu kumush, duru javohirlar ila ortga qaytdi. Tabiiyki, qoʻshinidagi sarbozlar ham uning ijozati tufayli ancha-muncha boylikka sazovor boʻldilar. Ular orasida Nishopurlik Ibrohim chodirdoʻz ham bor edi. U ana oʻsha boylik bilan ona shahriga qaytdi va chogʻrogʻ bogʻi boʻlgan koʻp xonali uy sotib oldi. Havlining bir yoniga katta ustaxona qurib, bir necha ayolu erkakni yolladi va chodirdoʻzlikni yoʻlga qoʻydi..

Umarning shirin bolaligi ana oʻsha bogʻda, goho esa xotin-xalajning gap-soʻzlariga toʻlgan ustaxonada oʻtdi. Mehribon ota-onasining haroratli quchogʻi uning uchun naqadar aziz boʻlganligini keyinroq anglab yetadi. Hozir esa dardu tashvishi kitob, fikru yodi ilm olmoq ila band.

Hshanda ham qish intiholab, koʻklamning iliq kunlari boshlangan kunlar edi. Hn yoshli Umar butun qish ichi Qur’on mutolaasi ila mashgʻul boʻldi. Ollohning kitobini xatm qilib, bir yuz oʻn toʻrtta muborak surani yod oldi va qiroatni oʻrgandi. Qish oxirida bir necha kun mobaynida ustozining huzurida boʻlib, ulugʻ Kitobni boshidan oxirigacha qiroat bilan yod oʻqib, ul zotning tahsiniga sazovor boʻldi. Zero ustozi uni alohida bir mehr ila sevar, quvvai hofizasining tiniq hamda kuchli ekanligidan iftixor etardi. Shunday qilib, Abul Fath Umar oʻn yoshida hofizi Qur’on murattab qoriga aylandi.

U ustozining tabarruk fatvosini olib qaytgan kechasi tush koʻrdi. Bu unga butun umr hamroh boʻlguvchi, samoviy oʻy-xayollarga solib inson qurbining benihoyaligini anglatuvchi sirli, ehtimolki ishoratli tush edi. Tushida goʻzal bir manzarali ma’voda sayr etib yurgan emish. Tuyqus qalbida yugurmoq istagi junbushga kelibdi-yu jon jahdi ila chopa ketibdi. Chopgani sari qadamlari tobora kattalashaveribdi, kattalashaveribdi, nihoyat oyoqlari yerdan uzilibdi-da, osmoni falakka koʻtarilibdi. Ilkini misoli qanoat yangligʻ ikki tomonga yoyib, parvoz etarkan, zamindan uzoqlashib, yulduzlarga yaqinlashaveribdi. Mana endi yulduzlar shundoq yonboshida nur socha boshlaganida samo toqida betimsol ziyoga chulgʻangan siymo paydo boʻlibdi-da, unga ma’noli bir nigoh tashlab, yana tezlikda gʻoyib boʻlibdi. U esa endi pastlay-pastlay nihoyat zaminga kelib qoʻnibdi. Koʻkka parvoz etganidagi betakror tuygʻu, yurakni koʻkrak qafasini yormoqqa qodir qilguvchi ehtiros shu-shu bagʻrida makon tutdi.

Umar shirin entikish bilan uygʻondi. Bomdod namozini oʻqigach, ota-onasiga qoʻshilib, nonushta qildi. Har kungidek Qur’on yoxud boshqa biron kitob mutolaasi ila mashgʻul boʻlmadi. Boisi Ummul Kitobni xatm etgach, ilmu kitobga oid her ne mashgʻulotdan «ozod» olgandi. Endi ma’lum muddat emin-erkin boʻlmogʻi, barcha bolalardek turli oʻyinlarni oʻynamogʻi mumkin edi.

Hsha kuni choshgohdan soʻng yomgʻir yogʻa boshladi. Bogʻning hali yaproq yozib ulgurmagan yalangʻoch daraxtlari oralab kezingan Umar, koʻklam yomgʻirini har nechuk xushlamasin oʻzini panaga olmoqqa majbur boʻldi. U butun qish boʻyi xonanishin oʻltirib, mutolaa zahmatini totganligi uchunmi, bir muncha nosogʻlom koʻrinardi. Yuzi rangpar, bu rangparlikda ojiz bir oydinlik mujassamdek. Oyoq-qoʻllari uzun, noziklashgandek tuyuladi, koʻzlari ichiga botgan, biroq tubidagi qorachoʻgʻlari mardona chaqnaydi. Ayni damda qadam tashlarkan, oyoqlari yerdan uzilib, parvozga intilayotganga oʻxshaydi...

gʻochib, yana uyga kirmoqni koʻngli istamadi-da, ildam qadamlar ila ustaxonaga oʻzini urdi.

Ustaxonaning eshigi ikkita edi-biri koʻcha tomonda boʻlsa, ikkinchisi hovliga qaragandi. Har ikki eshik ham katta, ikki tavaqali edi. Umar hovli tomondagi bir tavaqasi qiya ochiq eshikdan kirib bordi. Kirdi-yu taqqa toʻxtadi. Bu yerga avvallari ham koʻp bora kirganiga qaramay, undagi manzarani, odamlarni huddi ilk bora koʻrib turganday koʻzlarini katta-katta ochib, serrayib qoldi.

Ustaxonada asosan ayollar ishlashardi. Yuk ortish, yuk tushirish kabi ogʻir yumushlarni otasi yollagan bir-ikki erkaklar bajarsalar-da, chodir tikmoqlikning butun zahmati avvalo ayollarga tushardi. Hozir esa bironta erkak koʻrinmas, ularning otasi bilan birga shahar tashqarisidagi yerlarini ekishga tayyorlash uchun ketganligidan Umar boxabar edi. Ustaxonadagi yumushlarga onasi korfarmolik qilmoqda edi.

Olloh taollo ayol zotiga jumla ne’matlaridan eng avvalo zabonni ato etganligi ma’lum. Ayni damda keng soʻrilarning toʻrt tomoniga oʻtirib olgan ayollar ham chodir tikmoq hamda soʻzlamoq ila band edilar. Umarning kirib kelganligini birovi payqadi, birovi payqamadi.

-Voy, mullo Umar ham bor ekanlar-ku! -deya shodon soʻz qotdi uni birinchi boʻlib koʻrgan yoshgina juvon.

hammalarining nigohlari bolakayga qadaldi. Rostdan ham ular Umarni qish boʻyi koʻrmagandilar. Shuning uchun barchalari ishlarini qoʻyib, necha bor eshitib, guvohi boʻlganlari favqulodda iste’dod sohibi deb atalmish yigitcha bilan koʻrishmoqqa tutindilar.

Shu payt koʻcha tomondagi eshikdan ajib bir na’ra eshitildi. Ehtimol bu ovozni na’ra deya atamoqlik xatodir, zero u darvishlarning jahriy zikrlarini yodga soluvchi bagʻrning tub-tubidan otilib chiqayotgan haroratli oʻrtanish edi. Hamma oʻsha yoqqa qaradi. Eshikdan qaddi xiyol bukilgan bir pirazan (kampir) kirib kelardi. Uning ust-boshi juldur va shunga monand ravishda kir-chir edi. Butkul oqargan, biroq kirligidan kulrang tusga kirgan sochlari parishon toʻzgʻigan, ne fursatlardan buyon taralmagani bois qoʻyning poʻstagiga qiyos qilgulik ahvolga kelgandi. Boshida koʻxna kuloq, oʻng ilkida egri-bugri aso, soʻlida esa muxtasar koʻza-may uchun ayoq. Qoʻllari ozgʻin, qop-qora, barmoqlari uzun-uzun, ustixonlari baralla namoyon turadilar. Yuzi ham qop-qora, toʻgʻrirogʻi, koʻkimtir qora, unga koʻzi tushgan odamning bir seskanib qoʻymogʻi tayin. Faqatgina koʻzlari, nigohi... Uning ana oʻsha koʻzlari va boyagi xazin, shuningdek, mardona na’rasi, oʻrtanishi chor atrofni yoritib yuborayotgandek tuyuladi. U oʻz sasiga monand tebranib, pahlaviy tilida bayt oʻqimoqda, balki kuylamoqda:

Diling zulmga hech toʻymaydi, yo rab,

Koʻzingga yosh kelmas holimga qarab.

gʻizigʻi-seni men jondan doʻst tutsam,

Yuz ming yovdan battar sen ajal talab.

Ayollar «Bibi Mastona! Bibi Mastona!» deya chugʻurlab qoʻydilar.

Pirazan-Bibi mastonaning ovozi sehridan Umarning vujudi jimirlab ketdi.

-Avliyo xotin-da bu Bibi mastona!-dedi kimdir ayollar ichidan.

Ayollar Bibi Mastonani oldinlari ham bir necha marotaba koʻrishgan, ammo Umar unga ilk bor yoʻliqib turgandi.

Ikki nigoh toʻqnashdi. Ikkala nigohda ham hayrat zohir edi. Inkori tan pirazan roʻparasidagi bolakayning harirday vujudi hamda nigohidagi ma’nodan hayratlanayotgan ersa, azimush sha’n kitob xatmidan ham zohiran va ham botinan poklangan oʻsmir Bibi Mastonaning shiddati hamda koʻzlaridagi nurdan hayratga tushmoqda edi.

Pirazan uni oʻzi tomon imladi. Umar beixtiyor unga yaqinlashdi. Nigohlar esa mudom bir-birlariga qadalgandi. Bibi Mastona aso tutgan oʻng ilki ila bolaning boʻynidan quchib, bagʻriga oldi. Umarning yuzi uning koʻksiga koʻmildi. Bu bagʻr shu qadar otashli ediki, Umar yuzini olovga tekkizib olganday his qildi oʻzini va nafasi boʻgʻilib, yuz-koʻzlari kuyayotgandek tuyuldi. Ammo kampir uning boʻynidan qisgancha turaverdi. Umar butunlay boʻgʻilib qoldi, jon xalpida nozik qoʻllari ila olov bagʻridan xalos boʻlmoqqa urindi. Urinishlari bekor ketdi. Nihoyat ojiz bir siltanish ortidan jim qoldi. Huddi shu payt Bibi Mastona uni bagʻridan ozod etdi. Bolaning koʻzlari qinidan chiqquday turar, boʻgʻzidagi soʻnggi havoni yutishga urinib siltanar, yuzi qip-qizarib ketgandi. Pirazan shaqirlab kulib yubordi.

-Vo-oh!.. Kuyib qoldingmi, boʻtam?!- dedi doʻrildoq ovoz ila va soʻl ilkidagi ayoqni bolaning ogʻziga tutdi. Tirsagi bilan uning boshini xiyol koʻtardi-da, ochiq ogʻziga may quyib yubordi.

Bolaning koʻzlari battar olayib ketdi. Siltanib-siltanib, yutoqib-yutoqib bir necha qultum may yutdi. Pirazan uni qoʻyib yuborgach, bir-ikki qadam gandirakladi-da, huzurli bir xoʻrsinibmi, oh uribmi, yerga quladi.

Boʻlib oʻtgan voqeni hayratu qoʻrquv ila kuzatib turgan ayollar shundagina oʻzlariga keldilar va uv tortib, Umar sari intildilar. Barcha u bilan andarmon qolganligi bois Bibi Mastonaning qachon, qanday gʻoyib boʻlganini birov sezmay qoldi.

Umar koʻzini ochib, boshi uzra aftodahol oʻltirgan padari-yu volidasiga koʻzi tushdi. Ha, shunday boʻldi, biroq ularning qiyofasi koʻz oʻngida bir bora yilt etdi-yu gʻoyib boʻldilar. Soʻng uning nigohi oppoq nurga toʻldi va boshi ul nurga qoʻshilib gir-gir aylanaverdi. U tomogʻiga qadalib turgan nimarsani yutmoqqa sa’y qildi va shuning uchun yuzi tirishib ketdi. «Bolam!» degan yigʻi aralash sas keldi uzoqdan-bu volidasining nolasi edi. Kimdir boshini siladi-bu kaftning ogʻir va kattaligidan otasiniki ekanligini payqadi.

-Qoʻrqma, onasi, issigʻi tushibdi.-dedi tanish ovoz, bu otasining ovozi ekanligini keyinroq fahmladi.

Demak, istimalabdi-da. U asta-sekin oʻziga kela boshladi. Koʻzi ravshanlashib borarkan, xonani xira yoritayotgan moychiroqni ilgʻab, allaqachon kech kirib ulgurganini angladi.

U hamma narsani toʻla idrok eta boshlagach, shuurida nechukdir evrilish roʻy berganligini tushunganday boʻlardi. Bu evrilish shundan iborat edikim, har nimarsaning cheti, chegarasi aniq-tiniq koʻrinar, oq ila qora, nur ila savod (zulmat) yaqqol namoyon boʻlayotgandek tuyulardi. Hatto mehribon ota-onasining xavotirli nigohlaridagi benazir mehr ham balqib, boʻrtib koʻrinardi.

-Tuzukmisan, bolam?-deya soʻradi otasi mudom uning yuz-koʻzlarini silarkan.

-Menga ne boʻldi, ota?-dedi Umar savolga savol ila, koʻzlarini pirpiratib.

-Ollohga shukr!-deb qoʻydi onasi yigʻlamsirab.

-Koʻklamda ob-havo ilgʻab oladi-da, oʻgʻlim.-dedi otasi jilmayishga urinib.

Bibi Mastona hozir Umarning yodida yoʻq edi va ne boʻlganini rostdan ham anglab yetmayotgandi. Biroq padaru volidasi ham ul gʻalat pirazanni na eslamadilar, na qargʻamadilar. Ehtimolki uni yod etib, bolani taqi qoʻrqitib qoʻyishlari mumkinligi xayolida shunday qilayotgan boʻlsalar ham ajab emas.

Onasi piyolada giyohlardan tayyorlangan doru keltirdi. Otasi uning boshini yostiqdan uzib, doruni ichirdi. Biroq endi bola oʻzini kuchsiz, holsiz sezmasdi, tabora quvvatga kirayotganini his qilmoqda edi.

-Onajon, gʻamnok boʻlmangiz!-dedi Umar shodon tovushda, dadillik ila bir qoʻzgʻolish olib. -Sihatim soz. Faqat yegu (taom) istaydurmen, onajon.

Onasi xursandligidan qalqib ketdi. Koʻzlari yoshga toʻlib, jilmayarkan, shoshib qoldi:

-Yegu? Voy, yegu degan tillaringga jonim sadogʻa, bolam! hozir... -U oʻrnidan turib, tashqariga chiqib ketdi. Hech qancha muddat oʻtmay bir kosa suyuq taom va mis patnisda bir juft non olib kirdi. Xontaxta ustiga dasturxon yozib, yegularni qoʻyayotganda, Umar otasining koʻmagida oʻrnidan turib oʻtirdi. Uning oʻz qoʻliga qarab qoʻyganini sezgan otasi, muddaosini anglab, onasiga ishora qildi. Biroq Umar volidasinin urintirmoqlikdan istihola qilib, oʻrnidan qoʻpmoqqa sa’y etganida otasi yelkasidan tutdi:

-Xijolat tortma, oʻgʻlim! Andak quvvatga kirguncha qoʻzgʻalmaganing ma’qul.-dedi muloyimlik ila.

Umar otasining istagiga rizolik bildirgan kabi itoatkorona tin oldi.

Onasi keltirgan chilobchin va obdastada yuz, qoʻlini yuvib, ogʻzini chayqadi. Soʻngra shoshilmay yengil taomlandi va padarining soʻziga binoan yana bolishga yonboshladi.

Ibrohim chodirdoʻz oʻgʻlining keng peshonasini silarkan, haybatu hayrat balqigan koʻzlariga termulardi.

-Tuzukmisan ishqilib, bolam? Koʻnglingda biron mushkullik boʻlsa aytaqol, oʻgʻlim!-dedi u bolasining bezovta nigohidan tashvish chekib.

Umar otasiga chuqur bir xayoldan chalgʻiyotgandek tikildi.

-Sogʻligim yaxshi. Aslo qaygʻurmangiz, otajon.-U tokchada miltirayotgan moychiroqqa oʻgrildi.-Faqat boshim boʻm-boʻshdek. Olloh taoloning buyuk ijodi boʻlmish bu olam, bu koinotga boqib, qalbimda ulugʻ bir hayrat va hatto vahm tugʻyonga keladir.

Otasi uning soʻzlarini anglamadi, biroq «nechuk, oʻgʻlim?» dedi beixtiyor.

Umar yana otasiga qayrildi.

-Soʻzlarimdan oʻzgacha oʻyga bormangiz, ota, aqlu xushim joyida. Bu koʻhna olam binosini anglamoq istaydurmen, bas... -U oʻychan bir qiyofada soʻzini davom ettirdi.-Ustoz Arastu deydiki-zamin bu kurra shaklida va u koinotning markazidir. Arximedus esa yerning dumaloqligini, biroq u olovli bulut, ya’ni Quyosh atrofida aylanguvchi kichikroq sayyora ekanligini tasdiqlaydi. Soʻng... -Umarning qoshlari chimirildi.-Anovi tokchada turgan Batlimus (Ptolemey)ning «Almajastiy» degan kitobi. Uni biz madrasada oʻrganamiz. Unda aytilishicha ham zamin dumaloq, lekin harakatsiz. Yer atrofida nurafshon bir jismlar aylanadilar. Ulardan Yerga eng yovugʻi Oy muhiti. Undan soʻng Atorud (Merkuriy), soʻng Zuhro (Venera), undan soʻngra quyosh, Mirrih (Mars) va boshqa muhitlar mujassam. Sakkizinchi muhitda esa yulduzlar joylashgan. Nihoyat toʻqqizinchi muhitda birlamchi ong, ya’ni ularning barchasini, butun koinotni harakatlantiruvchi Mehvari Muazzam barqaror. Bu endi Batlimusning fikrlari.

Ulugʻ Beruniy esa qadim hindlarning ilmi donishlariga asoslanib, «Yer harakatda, samolar ham halovatsiz» deydi..

Ibrohim chodirdoʻz oʻgʻliga hayrat va qoʻrquv ila tikilib turardi.

-Bizning zamin koinot kahkashonida bir zarradayin zaif vujuddir. Ehtimol oʻshal olis muhitlarda biz kabi jonzotlar bordur. Aql koʻzi bilan bir boqing, otajon, Yaratuvchi aylantirayotgan charxdagi Oy, Mirrix yoki boshqa sayyoralar emas, nega endi aynan Yer bagʻri muhitning oʻzagi hisoblanadi? Nega?!..

-Olloh bilguvchidir, bolam. Har neda Ollohning irodasi mujassam.

-Rost aytdingiz, ota!..

Umarning koʻzlari kengayib, chaqnadilar. U yana gapini davom ettirmoqqa chogʻlanganda, otasi uni chalgʻitmoqqa urindi, chunki omiy chodirdoʻzning koʻnglida oʻgʻlining ahvolidan xavotir paydo boʻlgandi.

Oʻshanda yoshgina Umar oʻzidan avval oʻtgan ustozlari -Arastu (Aristotelь), Aflotun (Platon), Batlimus, Jolinus (Galen), Beruniy, Ibn Sino, Farobiy, Ibn haysan, Ar Roziy, Al Xorazmiy, Xarroniy, Battoniy va nihoyat keyinchalik bir umr asarlaridan ilhomlangan gʻoyibona ustozi Uqlidus (Yevklid) haqida, ularning asarlari, bahri muhitni anglash borasidagi fikrlari xususida gapirmoqchi, gapirganda ham uzoq-uzoq, butun vujudi ila gapirmoqchi boʻlgandi. Lekin unga avvalo otasi, soʻngra oʻzidagi andisha monelik qildi. Oʻsha holatini, vujudini qamragan ehtiros, otashni hali hanuz qoʻmsaydi va oʻsha kungi voqeani takror-takror eslaydi. Kim edi ul pirazan? Jonu jahonini mudom yondirguvchi olovni solgan ul mastona zot qay karomat sohibi edi?! Shu kundan boshlab u ham qalban, ham jisman ulgʻayib bordi. Boshi aqlga, bilagi quvvatga toʻlaverdi...

2

Xayyom Mikoil uzatgan mayli piyolani olarkan, uzoq-uzoqlardan kelayotgandek eshitilguvchi sas ila ayni damda tugʻilgan ruboiyni oʻqidi:

Xushyor boʻlsam, mendan xursandlik yiroq,
Mast boʻlsam, aqlimdan ajraymen biroq.
Mastligu xushyorlik oraligʻi bor,
Hayot shu, unga qul boʻlsam yaxshiroq.

U yuziga fotiha tortdi-da, shahd oʻrnidan turdi. Rindoniy va Mikoil oʻrinlaridan qoʻpishib, kuzatmoqqa shaylanib edilar, bir ishora ila izn bermadi. Hujra eshigidan chiqib, endi oʻng yoqqa qayrildi. Bir-ikki qadam bosgach, rasadxonaning qorayib koʻringan ulkan gumbazi ustida-oydin osmonda jimirlayotgan yulduzlarga tikilib qoldi. Nigohi ortidan shuuri ham oʻshal yuksakliklarga intildi. Intilarkan, vujudi nimadandir forigʻ boʻlib borayotgandek tuyuldi va shu yengillashish asnosida ohista odimlar bilan oʻz oshyoni sari yurdi...

Bir siltandi-yu joynamoz ustida oʻltirganini, ilkida tasbeh va tilu dili zikrulloh ila mashgʻulligini payqadi. Butun vujudi, qalbi xil-xil erib bormoqda edi. Ashkli koʻzlari bir nuqtaga qadalgan, hoʻl lablari titraydi.

-La ilaha illalloh, la ilaha illalloh, la ilaha illalloh!..- Bu goʻzal soʻzlar adogʻsiz edi.

Bir zamon oʻziga qaytib, yuziga fotiha tortdi va oʻrnidan turarkan, «Odami shuaro»ning ushbu she’rini esladi:

Shu oddiy koʻz bilan boqmagil, balki
Bilim koʻzi ila boqgil jahonga.
Jahon daryo erur, yaxshi ishingdan
Kema yasab oʻtgil nari tomonga.

Xobgoh sari oʻtdi. Ayni damda kanizak Parmudaga aytgan soʻzini eslab, xijolatli jilmaydi.

-Intiq boʻlgandir shoʻrlik!..

Biroq endi vujudidagi boyagi otash susaymoqda edi.

Oltinchi bob

1

Tongga yaqin tush koʻribdi: goʻyo yettinchi osmonga koʻtarilganmish. U yerdagi goʻzal bir maskanda bashar ahlining jamiki ulugʻlari yigʻilganmish. Xayyom ularning oʻrtasida turar, bir yonida Ibn Sino, ikkinchi yonida Uqlidus joy olgan boʻlsa, atrofida Arastu, Jolinus, Farobiy, Al Xorazmiy, Beruniy va boshqa u tanigan-tanimagan zotlar qator-qator saf tortganmish. Barchalari xushnud qiyofada emish. Bir payt qibla yoqda ulkan oltin koʻshk paydo boʻlibdi. Ustida boshi faqatgina nurdan iborat kishi oʻltirar, uning yuziga boqmoqlikka hech bir nigoh dosh berolmasmish. Hshal zotning ishorasi ila Ibn Sino Xayyomning yelkasiga zarrin chopon tashlabdi. Barcha «Muborak! Muborak!» deya olqishlabdi. U mislsiz bir ichki tugʻyonli orziqish bilan koʻshk sari oshiqibdi. Ne boʻlibdi-yu koʻshk tuyqus siltanib ketib, nurli toʻlqin uning koʻziga urilibdi...

Shoir allanechuk kayfiyatda, ruhiy zoʻriqish ogʻushida uygʻondi. Hamon tush ta’siridan chiqolmay shiftga termulib yotarkan, namozi bomdodga chorlayotgan muazzin ovozi olis-olislardan eshitilayotgandek tuyuldi. U shuurining tub-tubida koʻshkda oʻltirgan uz zoti mukarram Rasulilloh sallalohu alayhi vasallam ekanligini anglar, lekin muborak yuzini koʻrolmaganligidan oʻzicha ma’no chiqarib, iztiroblanardi...

Nonushtadan soʻng vaziri a’zam Nizom ul Mulkdan chopar kelib, choshgoh mahali huzuri muborakda boʻlmogʻi lozimligini yetkazdi. Ulugʻ Sulton mashvarat oʻtkazmoqlikni ixtiyor etibdi.

Choshgohda Xayyom Sulton saroyining jamiki a’yonlari ila xosxona boʻsagʻasida hozir turardi. Barcha Sulton diydoriga intiq edi. Ayniqsa, amirul shuaro Shamsiddin Qazviniy bezovta turar, koʻzlarining olazarak boqishidan, qoʻllarini qayerga qoʻyishini bilmaganday tez-tez qimirlatib qoʻyayotganidan hukmdor ila boʻladigan bu uchrashuvga oshiqayotganligi va ul zotning shohona muruvvatidan umidvorligi sezilmoqda edi. U Xayyomga qayta-qayta qarab qoʻyar, uni ilk bor koʻrganida bosh silkib salomlashgan boʻlsa-da, endi oʻzini magʻrur tutishga urinardi. Xayyomning xotirjam nigohi har safar unga tushganida u koʻksini tobora kerib, boshini ham tik tutib, magʻrur koʻrinishga intilardi. Biroq buning uhdasidan chiqolmas, chunki uning viqorli, salobatli koʻrinmogʻi uchun hamisha oʻynab turguvchi dum-dumaloq mitti koʻzlari monelik qilardi. Qolaversa, uning jussasi anchayin kichik ediki, egnidagi liboslari shalvirab koʻrinardi. Yuzi kichkina, tagʻinki bir zuvala xamirni bir mushtlab turib, oʻrtasini chimdib qoʻygandek pachoq edi va bularning bari uning kibor koʻrinmogʻi uchun xalaqit berardi.

Nihoyat huzuri muborakka ijozat boʻldi. Arkoni davlat oʻz mavqelariga qarab birin-sarin xosxonaga kira boshladilar. Ular eshikdan kiriboq ulkan taxtda magʻrur oʻltirgan Sultonga ta’zim bajo aylashar va soʻngra ikki tarafga tizilishardi. Sulton Malikshohning oʻng yonida vaziri a’zam Nizom ul Mulk turardi. Xayyom oʻz mavqeiga koʻra vaziri a’zamning oʻng yonidan joy oldi. Sultonning soʻl yonida esa sohibi fatvo, Saljuqiylar saltanatining bosh imomi, muhtasib (shariat nazoratchisi) Sayyid Muhammad Badriy, sultonning inisi Muhammad Takash, soʻngra shoirlar amiri Qazviniy va boshqa a’yonlar saf tortdilar. Saljuqiylar saltanatining davlat boshqaruvi tizimidan boxabar kishi a’yonlarning joylashuviga qarab ularning qay biri ne mansabda ekanligini darrov payqamogʻi mumkin edi. Xoʻsh, dunyoning katta bir qismini egallagan bu mamlakatning idora tizimi qanday edi?

Saljuqiylar saltanatining hukumat idorasi ikki ulkan devonga-devoni xos va devoni oliyga boʻlingan edi. Devoni xos- bu sultonning shaxsiy devoni boʻlib, u sultonlar sulolasining urugʻ-aymogʻi, qoʻyingki, sultonning nomi ila bogʻliq barcha merosiy nimarsalarni tasarruf qilardi. Unga sultonning jamiki mol-mulklari, yerlari kirardi. Butun-butun viloyatlar ham unga boʻysunib, soliqlar toʻlardi va bu soliqlar devoni xosga kelib tushardi. Davlat gʻaznasi ham bevosita mazkur devonga kirar va unda sultonning borki oltin-kumushlari, javohirlari hamda qimmatbaho buyumlari saqlanardi.

Devoni oliy esa oʻz navbatida toʻrtta yirik devondan tashkil topgandi. Ular devoni tugʻri, devoni istifo, devoni ishrof va devoni arz deb nomlanardi.

Devoni tugʻro sultonning farmonlarini, turli nomalarini va umuman davlat ishlarini boshqarishdagi topshiriqlarini tasarruf etardi. Bu idoraning boshligʻi tugʻroyi deb atalar va u hukumat ishiga oid barcha hujjatlarni hukmdorga olib kirish hamda uning muhrini shaxsan bostirish huquqiga ega edi. Tugʻroyi davlat boshqaruviga kelib tushadigan va undan chiqadigan barcha hujjatlarni, xabarlarni, elchilik faoliyatiga oid xalqaro ish qogʻozlarini qat’iy bir tarzda tekshirar, shuningdek, yorliq hamda farmonlar, barcha rasmiy qogʻozlarning toʻgʻri yuritilishini, berilishini nazorat qilmoqqa, nihoyat davlat sirlarini saqlamoqqa burchli edi.

Saljuqiylar saltanatida rasmiy ish yuritish asosan forsiy tilda, xalqaro yozishmalar esa koʻproq arab tilida olib borilardi. Biroq jamiki saljuqlar sulolasining el aro muomalatida va hatto shaxsan olampanohning goho sezilguvchi ixtiyorida ham turkiy tilning goʻyo kamsitilishidan ogʻrinish sezilib turardi. shul bois Sulton Malikshoh turkiyda soʻzlaguvchi amaldorlarga, shu tilda lutf etgan fuzalolarga goho ragʻbat ham etguvchi edi. Lekin azaliy rasmiy til forsiy va arabiy ekan, tugʻroyidan har ikki tilning nozik jihatlarini, istioralarini puxta bilishlik talab etilardi. Bundan tashqari, u goʻzal husnihat sohibi boʻlmogʻi, arabiy imloga xos barcha yozuv usullarida bemalol yoza olguvchi hattot boʻlmogʻi zarur edi.

Devoni istifo ham bu saltanat idora usulida katta oʻrin tutardi. Uning peshvosi mustoufiy deb nomlanardi va u oʻz martabasi boʻyicha uchinchi odam hisoblanardi. Mustoufiy davlatning moliyaviy yumushlarini idora etardi. Devoni istifo davlatning kirim-chiqim mablagʻlari, soliq va boshqa tushumlarning, shuningdek, gʻaznadagi mol-mulklarning hisob-kitobini qilardi. Devoni xosning hisob-kitob ishlari ham ayni shu devon zimmasiga yuklatilgandi. Mamlakat miqyosidagi yerlarning, kimning mulki boʻlishidan qat’i nazar, xatlab berilishi ham devoni istifo xasmi-haqqiga mansub edi.

Devoni ishrof esa davlatning oliy nazorat idorasi hisoblanardi. Bu devon boshligʻi, ya’ni mushrifning vazifasi moliyaviy va soliqqa oid hisob-kitoblarni nazorat qilmoq hamda taftish etmoqdan iborat edi. Hufiya xizmat ham mazkur devon tasarrufiga kirardi. Mahfiy xizmat va nazorat, u orqali mamlakatning ichki ahvolidan ogohlik qudratli saljuqlar davlatining asosiy tayanchlaridan biri edi. Buni vaziri a’zam juda yaxshi bilardi va shuning uchun ham Malikshoh hamda avvallari uning sohibqiron padari buzrukvori Alp Arslon hazratlariga mushriflik mansabiga eng ishonchli, sadoqatli kishilarni tayinlamoq lozimligini ta’kidlab kelardi. «hukmdor amaldorlar borasida hech qachon ehtiyotsizlik va beparvolikka yoʻl qoʻymogʻi mumkin emas, hamisha ularning hayot tarzlaridan ogoh boʻlmogʻi joiz. Toki mushrif yuqori masabdorlarni mahfiy ravishda nazorat qilib bormogʻi va u amaldorning ishlari xususida hukmdorga muntazam xabar yetkazib turmogʻi lozim.»-derdi. Nizom ul Mulk hamisha.

Shuningdek, saljuqiylar hukumatida harbiy idora-devoni arz ham mavjud edi. Uning boshligʻi «Ariz al joyish» deb atalardi.

Davlatni idora etuvchi bu devonlarning barchasi mamlakatning hamma viloyat va shaharlarida oʻz boʻlimlariga ega edi.

Bagʻoyat mukammal boʻlmish mazkur idora usulini Nizom ul Mulk joriy etgandi. Ayni damda huzuri muborakda jamiki devonlarning boshliqlari ham hozir edilar. Biroq ular oʻz ishlari haqida vaziri a’zamga allaqachon hisob berib boʻlganliklari bois xotirjam qoʻl qovushtirib turardilar. Sulton ularga u qadar nazar qilmas, oʻz navbatida vaziri a’zam ham devonlardagi ahvol va ishlar xususida olampanohga hisob berib boʻlgandi. Mazkur mashvaratdan murod esa koʻpchilikka ma’lum boʻlgan koʻklamgi yumushlarning va umummamlakat miqyosidagi boshqa zaruriy tadbirlarning rejasini tuzmoqdan iborat edi. Ya’nikim saltanatning asosiy hayotiy zarurati boʻlmish ekin-tikin va zaminkorlik borasidagi muhim tashvishlar e’tibori oliyga molik edi. Bularning hisobini olmagan hukmdor bu kun ermasa-da, ertaga boshi berk manzilga roʻbaroʻ kelib, avomning norizoligiga va hatto nafratiga giriftor boʻlmogʻi shubhasiz.

Taxt nihoyatda ulugʻvor edi. Jimjimador naqshlar bilan bezatilgan, suyanchiqlari kungurador, sulton ilkining har ikki kafti oʻrnashadigan joyiga sher tasviri tushirilgan. Ulugʻ amakisi yasattirgan bu taxtda savlat toʻkib oʻltirgan yosh sulton Malikshoh kishiga qattiq tikilguvchi edi. Uning yoshi endigina yigirma birga toʻlayotgan boʻlsa-da, shamoyili ulugʻ koʻrinardi. Bu ehtimol shohlik salobatidan edi, ammo yuz soʻngaklarining boʻrtib turishi, iyakdor va yelkadorligi, nihoyat erta qalinlashgan qop-qora kalta soqoli ham uning qiyofasiga ulugʻlik baxsh etardi. Nasli turkiy qavmning sahroyi urugʻlariga borib taqalguvchi sulton chinakam baquvvat va mardona suvratli odam edi. Boshidagi sof oltindan ishlangan sultonlik tojiga tutashgan yoʻgʻon qoshlari ostidagi xiyol qisiq koʻzlariga har nechuk insonning tik boqmogʻi mushkul edi. Hozir ham u a’yonlarining barchalarini bir-bir nazaridan oʻtkazdi. Koʻzi tushganki odam bir bezovtalanar, nigohini yoxud qoʻllarini qayerga yashirishini bilmay qolardi.

Taxtning ortida ikki zabardast zanji qoʻllarini koʻkraklarida qovushtirib, haykaldek qotib turar, lekin sovuq nigohlari sergak edi. Ular sultonning xos soqchilari edi.

Sultonning sezilar-sezilmas ishorasi ila vaziri a’zam asta tomoq qirib oldi-da, oʻktam ovozda mashvarat muddaosini bayon etdi. Uning shahar tashqarisidagi iqtalarni (ma’lum xizmat evaziga turli mansabdorlarga tortiq qilingan yerlar) va ulardan olinadigan hosillarni tartibga solmoq, bahorgi ekin-tikin yumushlarini boshlamoq, yurtning urugʻlikka boʻlgan ehtiyojini qondirmoq, Navroʻz bayramini nishonlamoq, madrasa-yu rasadxona islohlari borasida aytgan umumiy soʻzlari unchalik uzoq choʻzilmadi. Nihoyat sultonning bu zaruriy yumushlar xususidagi ixtiyorini ham oshkor etdi. Ayniqsa, Isfahondagi Nizomiya va boshqa madrasalarning bepul deb e’lon qilinishi hamda ularga sarflanadigan mablagʻlarning davlat tomonidan qoplanishi haqidagi xush paygʻom ahli a’yonning olqishiga sazovor boʻldi. Ayni dam kazviniy ijozat ila oldinga chiqib, hukmdor sha’niga jimjimador soʻzlardan tuzilgan maqtovlarni yogʻdirdi va sultonga bagʻishlangan necha kunlar avval bitib, oʻqimoq uchun mavrid kutgani ash’orini qoʻynidan olib, kuyib-pishib oʻqimoqqa tushdi. Shoirlar amiri yanglishmagandi-uning ta’ma oʻqi nishonga tegdi, ya’ni sulton qasidadagi hamdu sanolardan mum kabi eridi. Kibr ila qoshlarini kerib devonbegini chorladi va Qazviniyning yelkasiga xil’at (zarrin chopon) yopmoqni amr etdi.

Qazviniy sultonga boshi yerga tekkuday ta’zim qilarkan, payt topib Xayyomga gʻolibona nazar tashlab qoʻydi. Xayyom shoirlar amirining bu xushnudligi-yu u erishgan tuhfaga ham bee’tibor turar, biroq madrasalarning bepul qilinganligidan dil-dilidan shodlanmoqda edi. U bu ezgu amallarning ijodkori vaziri a’zam ekanligini bilar va uningdayin donishmand zotning tadbirlarini qoʻllab-quvvatlaguvchi hukmdor borligidan mamnun turardi. Darhaqiqat, nomi butun musulmon dunyosiga tarannum boʻlgan vaziri a’zam qudratli saljuqlar saltanatining ishongan ustunlaridan biri edi. Uni Malikshohning padari buzrukvori Sulton Alp Arslon saroyga keltirgan va ta’bir joiz boʻlsa, undagi buyuk iste’dodni kashf etib, qadrini yuksakka koʻtargan edi. Shuning uchun valiahdining tarbiyasini unga ishongan va rixlat mahali oʻgʻlining hamda saltanat taqdirini unga topshirgan edi. El baxtiga, vaziri a’zam ta’siridami, yosh sulton ilmparvar, dinparvar, shuningdek, fuzaloparvar boʻlib chiqdi. Ya’ni Nizom ul Mulkning takliflarini inobatga olib, jamiki olimu fuzalolarni Isfahonga yigʻmoqqa tushdi. Buning ortidan boshkentning shuhrati yetti iqlimga taraldi.

Vaziri a’zam Navroʻz bayramini nishonlamoq, unga tadorik koʻrmoq va ketadigan sarf-xarajatlar xususida soʻzladi. Soʻzini tugatarkan, sultonning xohishiga banoan ba’zi a’yonlarga topshiriqlar berdi. Soʻngra olampanohning yangi taqvim joriy etmoq haqidagi ixtiyorini bayon etdi. Aslida bu amalning boshida ham vaziri a’zam ila Xayyom turardilar. Shuning uchun vazir bu boradagi fikrini va mulohazalarini bilmoq istagida Xayyomga qaradi.

Xayyom biroz oldinga chiqib, hukmdorga ta’zim bajo etarkan, mardona jarangdor ovozda soʻz aytmoqqa kirishdi:

-Filhaqiqat, olampanoh ixtiyor etgan bu ulugʻ yumushda ulkan ma’ni bor. Barchaga ayonki, biz qoʻllayotgan hijratga molik qamariy yil shamsiy yildan oʻn bir kunga qisqadir. Bu farqlilik ersa bisyor mushkulotlarga roʻbaroʻ etmoqda. Shul bois yil hisobini isloh qilmoq va hukmdorimiz shonu shavkatiga munosib taqvim tadbiq etmoq maqsadi oliymiz erur.-Xayyom Sultonga yana ta’zim qildi.

Sultonning bu soʻzlarga xayrixohligini bilib, barcha Xayyomning fikrini ovoz chiqarib tasdiqladi.

haqiqatan ham saljuqiylar mamlakatida bir vaqtning oʻzida ikkita taqvimdan qamariy va shamsiy yil hisoblaridan foydalanardilar. Shamsiy taqvim asosida shamsiy yil yotadi, ya’ni zaminning Shams (quyosh) atrofida aylanish davri 365 kecha-kunduzi 5 soat, 48 daqiqa 46 soniyaga teng va mana shu muddat bir yil hisoblanadi. Qamariy taqvim asosida esa Qamar (Oy)ning zamin atrofida aylanish davri muddati mujassam. Bu muddat 29 kecha-kunduz 12 soat 44 daqiqa 3 soniyaga teng. Shunday qilib, oʻn ikki oydan iborat qamariy yil 354 kecha-kunduz 8 soatu 48 daqiqa 36 soniyaga toʻgʻri keladi. Demak, shamsiy yildan oʻn bir kun qisqa boʻlgan qamariy yil bahorgi ekin-tikin yumushlarida noqulayliklar tugʻdiradi. Bu borada shamsiy yil hisobi juda qoʻl keladi. Natijada qamariy yil hisobidan diniy va hukumat hujjatlarini yuritishda, shamsiy taqvimdan esa dehqonchilik yumushlarida foydalaniladi.

Xayyom yil hisob-kitoblariga oid taqvimlar tarixidan juda yaxshi boxabar edi. U qadimgi forslar sulolasining asoschisi shoh Gushtasp davrida dunyoga kelgan Zardoʻsht va uning dini haqida koʻp fikr-oʻy qilgan. Hshanda shoh Zardoʻsht dinini qabul qilgan va yil hisobini isloh etib, Navroʻzga asos solgan. Uning taqvimi to Iskandar Zulqarnayn zamonasigacha umr koʻrgan. Shundan keyin odamlar yana qadimgi an’analarga qaytishib, butunlay xatolikka yuz tutganlar. Bu kechmish sosoniylar sulolasining asoschisi shoh Ardasher davrigacha hukm surgan. U ham taqvimga isloh kiritib, ulkan bayram joriy etgan va uni Navroʻz deb nomlagan. Xayyom bularni juda yaxshi bilardi va hatto payti kelib Navroʻz haqida bir risola bitmoq orzusi ham bor edi. Nomi afsonaga aylangan, el ogʻzida koʻp hurmatga sazovor, sosoniylar sulolasining asoschisi Noʻshiravoni Odil zamonasida Navroʻzning rivoj topishi, Abbosiylar xalifasi Ma’mun davrida Quyoshni kuzatishlar va u hamal burjiga kirganda Navroʻzni nishonlashning joriy etilishi-bularning bari Umar Xayyomga ma’lum edi. Ehhe-e, bu jafokash va lekin hamisha toʻlin qizdek tabassum ila kirib kelguvchi hamda koʻngullarni sarafroz etguvchi Navroʻz ne-ne zamonlarni-yu ne-ne hukmdorlarni koʻrmagan. Hatto uni majusiylar bayrami deya ta’qiq etganlar ham boʻlgan. Biroq hayotbaxsh Navroʻz mudom yashamoqda.

Oʻsha oʻtgan zamonlardagi taqvim islohlarida yil hisobiga hammasi boʻlib oʻn olti kun qoʻshilib qolgan edi. Ya’niki har bir isloh kiritgan hukmdor kabisa (har toʻrt yilda keladigan 29 fevrali bor yil) yil hisobiga bir kundan qoʻshavergan. Islom tayanchi, muslimlar homiysi buyuk Malikshoh hazratlari zamonasiga kelib, ya’ni ayni damda ana oʻsha xatoliklarni tuzatishga amr etilmoqda edi. Bu hukmi oliy yulduzlar oshnosi boʻlmish Xayyomni behad xushnud etmoqda edi. Zero u hozir tungi-Rindoniy va Mikoilning hujrasida oʻltirgan bagʻri chok shoirga mutlaqo oʻxshamasdi. Sultonning qarshisida salobatli mudarra sallasini (mudarrislar oʻraydigan katta salla) oʻrab, zarbof chakmon kiygan adl qomatli, yuzida gʻurur aks etgan olim turardi.

-Bizdin ne tilak etursiz?-deya soʻradi nihoyat ilk bora soʻz aytgan Sulton. -Rasadxona yumushlari baroridami? Xarajatlar nechuk?

Xayyom tagʻin qoʻl qovushtirib, ta’zim qildi-da, jarangdor ovozda dedi:

-Olampanohning buyuk davlatlari soyasida hamisha omondamiz. Rasadxona qurilishi jadal bormoqda, sarf-xarajatlardin mustarligimiz yoʻq. Olloh sultonimizning davlatlarini yana-da ziyoda qilgʻay. Birgina mushkul bizni qiynaydur...

-Soʻylangiz!-Sulton Xayyomga qattiqroq tikildi.

Xayyom mulohazakor va andishali ohangda dedi:

-Hazrati oliylari boxabardirlarki, rasadxonamizda ulkan usturlob (teleskop) bino etmoq yumushlari nihoyalanmoqda. Vale sagʻirni kabir etguvchi shishai olmos-zarrabinga ehtiyojimiz bordur. Bundayin olmos alkimyo ilmining ustolari boʻlmish majusiylar dargohida mavjuddir...

Sultonning ovozi keskinlashdi:

-Nechuk soʻz? Aqchaga muhtojligʻingʻiz bormu? -Sulton turkiy soʻzlarni aralashtirib soʻzlardi. Bu, demak, uning hayajonlanayotganidan yoxud gʻazabga kelayotganidan darak berardi. (Va umuman sultonning lafzidan uchguvchi «ng» tovushi «ngʻ» tarzida eshitilardiki, bu uning asli turk oʻgʻizlaridan ekanligini eslatib turardi.)

Xayyom sultonning ovozidagi oʻzgarishni majusiylarni tilga olganidan gʻazablanayotganga yoʻyib, biroz sarosimalandi.

-Mablagʻga muhtojligimiz yoʻq. Xurshidi olamning himmati oliylari barcha yumushlarimizni bisyor ta’min etmish.

-Unda ne sabab?

-Men bu ishga ijozati oliyni olmoq istaginda soʻzlab erdim. Illo Islom tayanchi boʻlmish sulton hazratlarining rasadxonasida majusiylarning buyumi...

Sulton Xayyomning soʻzini boʻldi:

-Xayyom hazratlari Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallamning «Chindan boʻlsa ham ilm oʻrganing», degan hadislaridin bizni bexabar deb xayol qildilar chogʻi.

Xayyom oʻz fe’liga va koʻngil mayliga zid ish tutib, xato qilganini angladi, sultonga itoatkorona bosh egdi. Shu mahal nigohi beixtiyor shoirlar amiriga tushdi. U Xayyomning mot boʻlganidan va uning sultonga malol soʻz soʻzlab, goʻyo uni ranjida etganidan mamnun bir qiyofada rohatlanib turardi. Lekin u yanglishayotgandi, chunki olampanoh Xayyomni oʻzgacha mehr ila yaxshi koʻrar, uning fe’lidagi magʻrurligu hamda toʻgʻrisoʻzligida turkiylarga uyqashlik sezardi. Shul bois ham hozir Umar Xayyomni ogʻir ahvolga roʻbaroʻ qilganligini fahmladi-da, navbatdagi ixtiyorini vaziri a’zamga ishorat etdi. Vazir sultonning farmonini oshkor qildi:

-Olampanohimiz fuzaloning peshvosi, osmon ilmining bilimdoni, shoir Umar Xayyom ibn Ibrohim janoblarini oʻzlariga nadim etib sayladilar va u kishining yillik maoshlarini oʻn ikki ming dinor qilib tayin etdilar.

Barcha «ofarin, tasanno» deya sultonni olqishladi. Qazviniy ham bu olqishlarga til uchida qoʻshilsa-da, aslida Xayyomning toleidan adoyi tamom boʻlgandi. Axir oʻn ikki ming-a! U boʻlsa bor-yoʻgʻi uch ming dinor maosh oladi, tagʻin amirul shuaro degan nomi bor. Xayyomni esa Sulton oʻziga nadim etib sayladi. Bu degani podshohning eng yaqin kishisi, suhbatdoshi demakdir. Yo Olloh, bundayin baxt nechukkim unga nasib etmasa?! ha, mana shu nishopurlik paydo boʻldi-yu shoirlar amirini oʻsha baxtga olib borguvchi yoʻllar toʻsildi. Endi bu yoʻllar Xayyom daf boʻlgachgina ochiladi. Qazviniy ayanchli tirjayib turar, ammo ich-ichidan otilib kelayotgan bir faryod boʻgʻzini yorguday boʻlardi.

Sultonning ishorasi ila Xayyomning yelkasiga ham xil’at yopdilar.

Mashvarat yakun topgach, sulton vaziri a’zam va Xayyomga oʻz huzurida qolishlikni buyurib, boshqalarga ijozat berdi.

Sultonning uni boshqalardan ayru koʻrganlagi ma’nosini tushunib va hatto bu yaxshilik ekanligini bilib tursa ham Xayyom oʻzini qanday tutmoq lozimligini bilmasdi. Haligina mulohazasizlik ila aytgan gapi Xayyomni anchayin xijolatga solgan, shul bois ham mudom oʻshal tuygʻu ogʻushida edi. Asli bu soʻzlarini vaziri a’zam janoblariga aytib, ruxsat olib, uni boxabar qilib qoʻysa ham boʻlardi. Ne la’in qavmi yoʻldan urdi-yu shu gapni olampanohga arz etib turibdi. Yo ash’ori tufayli izzat-ikromga sazovor boʻlgan amirul shuaroga hasadi kelib, oʻzining sulton hazratlariga nechogʻli yovuq ekanligini namoyish etmoqchi boʻldimi? ha, sultonning haligi soʻzidan soʻng Qazviniy qanchalar huzur qilganligini sezdi...

Xayyom hukmdorlarga boz yaqin yurmoqlik, ularning oshnoligiga erishmoqlik ofatlar asosi ekanligini yaxshi bilguvchi edi. Lekin zamona zayliga binoan va yoxud Xayyomniki kabi maqomga sazovor odam uchun ularning nazaridan uzoqlashmoq ham yaxshilik alomati emasdi. Chunki bul zamonada dabdabali umr surmoq, ulugʻlar, ya’ni ahli saroy, beku boyonlar ila oshnolik qilmoq, hamdavra boʻlmoq rusum edi va barcha shundayin tutumlar ortidan obroʻga erishmoq istardi. Mazkur taomili zamonadan kelib chiqib fikr etganda ham saroydan, ya’ni hukmdordan uzoqlashmoq aqlli odamning ishi emasdi. Nima boʻlganda ham undan xatolik oʻtdi. Mana endi olampanohga ne muomalotda boʻlishligini bilolmay halak.

Sulton Malikshoh aqlli, koʻpda adolatli va Islomparast hukmdor edi. Valekin barcha hukmdorlar kabi xudbinlik qusuridan ham xalos emasdi. Doʻstni qadrlash, siylash uning fe’liga xos ersa-da, vaqti-vaqti ila oʻsha doʻstning shoxiga bolta urib turmoq odati ham mavjud ediki, bu el aro hukmdorlik izzatini saqlamoq uchun qoʻl kelardi. Buyuk saljuqiylar fe’lida avomga nisbatan sahro samumi (garmseli) yangligʻ iligʻlik mavjud ersa-da, bu iligʻlikning muntazamligi har qandayin nabobotni qaqratib-qaqshatmogʻi tayin edi. Ha, ular islomparvar, ilmparvar, fuzaloparvar edilar, biroq bu oliy amallarning barchasi ularning shuhratparastliklari ila qorishib ketgandi. Ular, zotan sulton Malikshoh ham hokimi mutlaqlikka intilardilar va jami harakatlarida mana shu istak-xohish namoyon boʻlib turardi. Shu istak ortidan saljuqlar sulolasiga dohil mamlakat taxtini egallaganki kimsa oʻz tevaragidagi taxtga da’vogar kishilarni qatliom etgan, hatto oʻz jigarlarini ham ayab oʻtirmagan.

Hijriy 428 yili Muhammad Toʻgʻrulbek otligʻ hukmdor saljuqiy sultonlar sulolasiga asos soldi. Uni «Buyuk sulton, din va osoyishtalik tayanchi» deya atay boshlashdi. Filhaqiqat, bu qudratli saltanatning oliy hukmdorlari «Shahanshohi olam», «Magʻrib va Mashriq sultoni» nomli unvonlar ila ulugʻlanardilar.

Bogʻdod Islom xalifaligi butun dunyo musulmonlariga oʻz hukmini oʻtkazib kelayotgan boʻlsa-da, aslan endi saljuqlar sulolasi Islom olamiga hukmronlik qila boshladi. Aynan ular xalifa bilan barobar turguvchi «Islom olami sultoni» deya atalguvchi oliy hukmdor lavozimini joriy etdilar. Biroq sultonlik huquqini el koʻziga rasman xalifadan olar edilar. Shunga qaramasdan, ularning hadlari chegara bilmas darajada keng edi. Ular islomiy xalqlar yashovchi barcha yerlarda hukmdorlik qilardilar. Bu hukmronlikni ushlab turmoq va rivoj toptirmoq uchun aygʻoqchilikka asoslangan hufiya xizmatlarga alohida e’tibor qaratardilar. Shuningdek, «dushman-ichingda» degan hikmatga amal qilib, oʻz taxtlariga dahl qilguvchi har qanday jigaru qandoshning bahridan oʻtmoqqa tayyor edilar. Ta’bir joiz boʻlsa, bu an’anaga ham Malikshohning amakisi sulton Toʻgʻrulbek asos solgan edi. Ya’ni unga qarshi bosh koʻtargan oʻz tugʻishgan inisi Innolbekning isyonini bostirgach, uni boʻgʻib oʻldirishga amr etdi. Malikshohning otasi Alp Arslon taxtga oʻtirgach esa ogʻasi Toʻgʻrulbekning unga qarshi bosh koʻtargan amakilaridan biri Qutulmishbek ila savash qildi va shafqatsizlarcha bostirdi. Soʻng oʻz inisi, Karmon hokimi Kovurdbek ila soʻgʻishdi. Biroq inisiga omonlik berdi. Hsha Kovurdbek oʻtgan yilning koʻklamida Isfahon taxti orzusida Malikshohga qarshi bosh koʻtardi. Hamadon boʻsagʻasida boʻlib oʻtgan uch kunlik savashdan soʻng Kovurdbekning qoʻshini tor-mor etildi va oʻzi asir olindi. Ertasiga tunda Nizom ul Mulk maslahati ila u ham boʻgʻib oʻldirildi. Bu saltanat yaxlitligini va osoyishtaligini ta’minlamoq niyatida qilindi. Bunday shoʻr qismatdan sultonning tugʻishgan inisi Muhammad Takashgina hozircha omonda. Ammo uning oyoq olishidan vaziri a’zam hamisha ogoh turmoqqa urinadi. Chunki bir-ikki shubhalariga asos topa oldi. U koʻchmanchi elga mansub bu sulolaning biroz soddaligini bilib, qadrlasa-da, ularning payti kelganda oʻta shafqatsiz hamda tap tortmas boʻlib ketishlarini ham tushunar va shundan saqlanishga urinardi.

Sulton Malikshoh zamona zayliga nechogʻli shoʻngʻimasin va vaziri a’zam ta’siriga qanchalar tushgan boʻlmasin, oʻzining mustaqil fikrlari, orzu-oʻylari ham bisyor edi. U anchayin savodxon, tafakkurga suyangan, ilmu ma’rifatga yon bosgan, obodonchilikni xush koʻruvchi, bunyod etmoqdan shodlanguvchi va shuningdek, kambagʻalparvar hukmdor edi. Xayyom uning aynan shu sifatlarini qadrlar va bu fazilatlaridan ilm yoʻlida naf olmoqqa sa’y etardi.

Sulton hazratlarining avomparvarligi haqidagi bir voqeotni vaziri a’zam ajib ehtiros va iftixor ila soʻzlab bergandi: meva-yu sabzavot taqchillashgan bir kezda saroy xizmatchilaridan birovi bozorga tushibdi. U tarvuz sotayotgan dehqonning tarvuzidan bir dona olibdi-yu haqqini toʻlamay joʻnavoribdi. Jabrdiyda dehqon shu ondayoq saroyga yuguribdi, chunki u sultonning adolatipesha ekanligini va arz etguvchilar uchun saroy eshigi hamisha ochiqligidan boxabar ekan. Sulton dehqonning totini (arzini) diqqat bilan tinglabdi. Soʻngra

-Ul yuzsizni taniysanmu?-deya suroq qilibdi.

-Suratin faromush aylamishmen.-debdi afsus ila dehqon.

Bu suhbatdan keyin sulton hazratlari dehqonni panaga olib, saroyning jamiki xizmatchi-gʻulomlarini huzuriga chorlabdi.

-Qaniydi bittagina tarvuz boʻlsa, koʻnglim ani tusaydur. Nadomatkim aning mavsumi oʻtmish.-debdi u sasini samimiyatga yoʻgʻirib.

Shunda haligi xizmatchi oldga chiqibdi-da, olampanohga yoqmoq istagida xushomad ila xonasida tarvuz borligini oshkor etibdi. Sulton dehqonni chorlabdi va u talanchini tanibdi. Fulomi aybini boʻyniga olgach, sulton uni dehqonga in’om etibdi va debdi:

-Bu senga gʻulom boʻlgʻay. Aning ixtiyori sendadur.

Alqissa, gʻulom oʻzini dehqondan uch yuz dinorga sotib olibdi-da, ozod boʻlibdi.

Bu voqeot vaziri a’zamning sulton hazratlariga boʻlgan ehtiromi mahsuli oʻlaroq ul zotning taxayyulida tugʻilib, mardumga taralganmi yoxud rostdan ham kechmishmi Xayyomga ravshan emas. Vale bundayin saxovatpeshaligu adolatni ulugʻlamoq olampanoh fe’liga xosligiga boz inonadi. Shunday ekan, uning sulton hazratlaridan yomonlik kutmogʻi asossiz edi.

Sulton Malikshoh taxtdan qoʻzgʻolib, viqor ila quyiga tusharkan, vaziri a’zam va Xayyomni oʻng yoqdagi xona sari boshladi. Ikkisi ham uning ortidan ergashdilar. Xayyom ikki sohibi davlat taqi buyuk saltanatning ustunlari izidan yurarkan, olampanohning boshi uzra yarqiragan, ayni damda oʻzlari tark etayotganlari xonai xosning naqshinkor usutunlari-yu shifti yangligʻ va koʻklamgi qirlardagi alvon chechaklarga mengzagan naqshin devorlari kabi ulugʻvor koʻringan sultonlik tojiga boqib, koʻnglida ajib bir huzurni his etdi. Huzur uning vujudini bir necha lahzalar ishgʻol etdi. U oddiy chodirdoʻzning oʻgʻli boʻlmish faqir shoirning podshohlarga hamsuhbatlik sharafiga erishganligidan iftixoru gʻururga oʻrangan insoniy qoniqishi, toʻgʻrirogʻi, kibr edikim, buni anglamoqqa hamma ham qurb topolmasdi. Bandalik Xayyomga ham xos edi. Buning ustiga zamonaning zayli ham shu edi, ya’nikim odamlar yuqori martabali kishilar ila yaqinlik qilmoqqa, ahli saroy ila qarindosh boʻlmoqqa va ularning suhbatiga musharraflikka intilardilar. Ahli zamonning baxtiyorlik taqi sharaflilik oʻlchovi ana shundoq edi. Hozir Xayyomning borligʻini siypalab oʻtgan tuygʻu ana oʻsha kechmishlarga yoʻgʻrilgan, biroq uning ruhiyatidan quvvatli boʻlmagan nafsiy bir his edi.

Hukmdor ularni tanavvul xonasiga yetakladi, demak, u vaziru nadimi ila tushlik qilmoqni ixtiyor etgan. Sulton ishorati ila anvoyi noz-ne’matlar toʻla keng naqshin xontaxta tevaragiga oʻlturdilar va Ollohga shukrona keltirib, yuzlariga fotiha tortdilar. Fulomlar xizmatga kirishdilar. Avvali harir libosga burkangan, qadamlari parvozga shay oqqushmonand goʻzal kanizak obdasta va chilobchin keltirib, barchalarini qoʻllariga suv tutdi.

-Umar Xayyom janoblarining bizga hamroh boʻlganliklaridan baxtiyormiz.-dedi sulton tabassum ila bosh silkib. Bu islomiy odob tamoyillaridan boxabar hukmdorning dasturxon hurmatidan qilgan mulozamati edi. Shuningdek, u bu bilan davraga iliqlik kiritmoqni ham istadi.

-Qulluq, olampanoh.-dedi Xayyom ta’zim qilib.

Taomdan soʻng shoir va sulton shatranj surdilar. Hukmdor bu donishmandlar oʻyinini xush koʻrguvchi edi. Shul bois Xayyomdek kuchli raqib unga ikki hissa zavq bagʻishlardi...

Yettinchi bob

1

Bu yurtning koʻklami oʻzgacha-uning husnu tarovati va fayzini ta’rif etmoqqa har ne til ojiz, qiyosiga biron munosib hilqat topilmas. Shahar atrofida yastangan yaylovlar, qirlar sabz uradi, qirlarning yelkasiga opichgan togʻlar bagʻridan oqib tushayotgan daryo toʻlib-toshadi. Havo on qadar gʻuborsiz va xushboʻy boʻladiki, xalqumlar achishib ketadi. Hali gulu chechaklar ochilmagani bois butun vodiyga yashil gilam toʻshab qoʻyilganga mengzaydi, doʻmpaygan qirlarni esa gilam tusiga uyqash yostiqlar degulik...

Xayyom bolaligidan fasli bahorni yaxshi koʻradi, rutubatli qishning zulumotini quvib solguvchi ulkan chirogʻni olib kelgan goʻzal pariyga qiyoslaydi uni. Filhaqiqat, ulkan charogʻ-bu oftobki, u koʻklamda naqadar charogʻon boʻladi. Koʻz-ku bardosh etolmas, bardosh etganlari qamashur. Koʻk esa mislsiz darajotda taniqlashadi, qor uyumlarini eslatguvchi oppoq abrlar, koʻm-koʻk ummondagi kemalar yangligʻ bir maromda suzadilar. Koʻngullar boʻlsa ularning ortidan parvoz etmoq istaydilar. Ayniqsa, nazmga oshno koʻngullar.

Xayyomning koʻklamni yaxshi koʻrishi rost. Ehtimol uning bu goʻzal faslga boʻlgan mehri avvali-hov oʻshal parvozlari chogʻida samoda tugʻilgandiru soʻng zaminga qaytgandir.Chunki bahor-bu Navroʻz, Navroʻz esa oldin yulduzlar chamanida tavallud topgan va keyin bashar farzandlariga in’om etilgan. Navroʻzning qon tomirlari yulduzlarga tutashgan. Shuning uchun ham Xayyom esini tanibdiki yulduzlarga oshiq, Navroʻz va koʻklamga maftun. U majusiylarning peshvosi boʻlmish Zardoʻsht qoldirgan va ularning muqaddas kitobi sanalmish «Avasto»ni ham mutolaa qilib edi. Unda ham Navroʻz haqida koʻp va xoʻp soʻz aytilmish. Zero majusiylar osmon ilmini juda puxta egallagan qavmdirlarki, yil va oylar hisobida, taqvim tabdili, yulduzlar hamda ularning joylashuvi, burjlar, umuman samoning zaminga, bashar taqdiriga ta’siri borasida ulardan koʻp narsa oʻrganmoq mumkin. Bejiz mardum majusiylar dinini jodugarlar dini deb atamagan, chunki ular ilmda chuqur keta boshlaganlar. Xayyom bularni juda yaxshi bilardi, majusiylarning koinot ilmi, Navroʻz va yil hisoblari toʻgʻrisidagi kitoblaridan boxabar edi.

Majusiylarning hisoblari boʻyicha, Quyosh hamal burjiga kirgan kun Navroʻz, deb atalardi, ya’ni oʻsha kundan yangi yil boshlanardi. Ular yulduzlar harakatiga qarab har bir kun yoxud oyning xislatlarini belgilay olardilar va oʻz turmushlariga joriy etardilar. Misol uchun ular hamal oyini farvardin deb nomlardilar va bu oyni jannatga qiyoslardilar. Chunki bu muddatda nabotot olamiga jon kiradi dov-daraxtu giyohlarda tiriklik barq ura boshlaydi. Oftobning zaminga mehri ziyodalanadi.

Quyoshning savr burjida kechguvchi davrini ular urdbixshat oyi deb ataydilar. U koʻklamning ayni oʻrtasidir, zamin yam-yashil libosga burkanadi. Undan soʻng xurdad oyi, tir, murdod va hakozo oylari keladi. Xayyom bularni juda yaxshi biladi va ularga ehtirom ila qaraydi. Hatto u nujum ilmi borasida majusiylarning dunyoni idrok etmoqqa asoslangan har turli falsafiy fikrlarini ham oʻrgangan, ulardan foydalangan. Boisi shoir asrlar osha sobitlashib, bashar hofizasiga borayotgan ulugʻ bir hikmatga astoydil ishonardi. Bu «dunyodagi har bir ilm Yaratuvchiga eltadi», degan qadim va lekin oddiy fikr edi...

£uyosh hamal burjiga kiradigan kuni erta tongdanoq shaharni va shahar tashqarisidagi ma’volarni nogʻora-yu surlarning tantanavor saslari tutdi. Bu saslardan nafaqat ahli bashar, balki hayvonot va nabotat ham koʻz ochdi. Dorussaltanat ahli-yoshu qari, erkagu ayol oʻzlarining yangi liboslariga burkanib, shahar tashqarisidagi yaylovlar sari otlandilar. Shahar tevaragidagi qishloqlarning ahli ham oʻshal keng yaylov sari oshiqdilar. Bu umum xush kayfiyat rasadxona joylashgan togʻ yonbagʻridagi Boʻyra qishlogʻi kishilariga ham xos edi. Boʻyraliklar ham subhi sodiqdan Navroʻz tomoshalari boʻlib oʻtadigan joyga tomon koʻchdilar.

Oz fursatda butun vodiy bozormonand tomoshagoh tusini oldi. Avvaldan qazib qoʻyilgan oʻchoqlarga ulkan qozonlar osildi va ularning ostida olovning qizgʻish tili koʻrina boshladi. Qozonlar atrofida gulgun yuzli suluv kanizaklar tizildilar. Ularning ilkida katta-katta yogʻoch kaftgirlar boʻlib, sumalak pishirmoq uchun tadorik koʻrar edilar. Baayni Navroʻzning xush taomi boʻlmish sumalakning sirru asroridan voqif sirli malaklar davra qurgandek.

Bir tarafda qator qilib oʻrnatilgan dorlarga boʻgʻizlangan qoʻy va mollar ilingan. Pichoq tutgan qassoblar ularning terisini shilib, etu ustixonlarini nimtalash ila band. Qassoblarning qoʻli-qoʻliga tegmas, chunki sulton hazratlarining amrlariga muvofiq bu yil Navroʻziy ma’rakalar uchun juda moʻl jonliq ajratilgandi. Nimatalangan etlar savatlarga solinib, maydon chetidagi turli taomlar uchun moʻljallangan qozonlar boshiga eltiladi. Tabboxlarda ham bir lahza tinim yoʻq, uni u yoqqa, buni buyoqqa yumush uchun yugurtirishib, har xil taomlarga moslab masalliqlar hozirlaydilar. Zero butun vodiy boʻylab solinayotgan qator-qator dasturxonlarga hademay ilk taomlarni tortmoq joiz boʻlur.

Maydonning eng markazida joylashgan qir ustiga sulton Muhammad Jaloliddin Malikshoh uchun taxtiravon oʻrnatildi. Taxtiravonning har ikki yoniga olampanohning ahli ayoli, ya’ni malikalar va farzandlari uchun yumshoq oromkursilar qoʻyildi. Bu oshyoni oliyning uch tarafi naqshinkor alvon gilamlar bilan toʻsildi. Ustiga oftob nuri baralla tushib, olampanoh maydonning har burjidan bemalol koʻrinib tursin uchun oq harir mato yopildi.

Bir tomondan mutriblar-sozanda-yu xonandalar joy oldilar-da, hozirdanoq goʻzal bir musiqiyni boshladilar. Bir yonga ulkan dor tikilib, uning ostida adl qomatli dorbozlar va qiyofalari kulgili alpozda boʻyab-bejalgan masxarabozlar tomosha koʻrsatmoqqa shay turardilar. Ulardan narida merganlik bahslari uchun maydon barpo etilib, bir necha turli-tuman hajmdagi qabaq yigʻochlari (nishonlar oʻrnatilgan yogʻochlar) oʻrnatilgan. U yerda kamonkashlar (yoy otuvchilar) yana boshqa mayda-chuyda tayyorgarlik ishlari ila ovoralar. Merganlar maydonining yonida esa butun saltanatning kentu qishloqlaridan yigʻilgan muborizlarning (pahlavonlarning) kuch sinashmoqlari uchun bir necha qavat kigizlar solinib, tappa-taxt qilib qoʻyilgan kurash joylari koʻrinadi. U yerda yurgan va turli tan mashqlari ila mashgʻul boʻlgan haybatli muborizlar har nechuk e’tiborni oʻziga chorlab, koʻngillarda zavq uygʻotadi. Bundan tashqari, odamlar ichra qora tanli hindiy morbozlar, olov yutib, olov purkovchi chiniy jodugarlar ham tomoshalar koʻrsatmoqqa hozirlanardilar.

Umummaydonning eng chetida turfa tusli va nasli turli otlar koʻzga tashlanadi. Otlarning yonida ham odamlar gʻimirlaydilar -bular chavandozlar va ularning koʻmakchilari. Alohida qoʻrada turgan va tanalari lov-lov yonib, koʻzni qamashtirguday koʻringan otlar esa sulton hazratlariga tegishli. Saljuqiy va aroabiy bu zotdor otlar shaxsan olampanohning nazoratida, e’tiborida turadi. Ota-bobolari asli sahroyi koʻmanchilardan boʻlgan va jon rishtasining bir uchi otlar joniga tutashgan, chin eranga xos bu mardona ishq ila yongan sulton Malikshoh otlarni benihoya sevardi hamda oʻzi ham benazir chavandoz, otlar hikmatini bilguvchi edi. Shul bois ham uning otxonasida oʻz mamlakatining har chetidan jamlangan usta sayislar xizmat qilib, ularni otlarning chin bilgichlari boʻlmish ziyrak sinchilar nazorat etardilar. Ayni damda otlarga aralashib, ularni artib, har yoqlarini koʻzdan kechirib yurgan anovi otparast odamlar na shu sinchi-yu sayislar edilar.

Alqissa, Isfahonning osmonu zamini bir malohatli bayramning, bir ta’rifsiz shukuhning ogʻushida edi...

Bu tong ancha erta bosh koʻtargan oftob tezroq koʻk toqiga yetmoqqa oshiqardi. Havo kechagidan iliq, yoqimli bir shaboda yelib turibdi. Tanlar har kungidek junjikmaydi va aksincha, zarrin-zarrin nurlar eltguvchi oftobiy harorat xush yoqib, etlarni jimirlatadi. Ahli rasadxona ham koʻnglida Navroʻzga esh goʻzal bir zavq va junbush ila uygʻondi. Ular ham hademay rasadxonadan chiqib, tantanalar manzili sari oqdilar. Xayyom Isfazariy, Vositiy, rohib Artur va boshqa olimu tolibi ilmlarga bosh boʻldi. Ularning ortidan esa rasadxona qurilishida ishlovchi hunarmandlar, xizmatkoru ahli ayol hamda kanizaklar ergashdilar. Bayram boshlanayotgan maydonga yetishgach, barchalari oʻz toʻplariga qoʻshildilar. Xayyom va boshqa ahli ilmlar esa taxtiravon boʻsagʻasida olampanoh tashrifiga muntazir boʻlishib, qoʻl qovushtirdilar. U yerda vaziri a’zam mustasno ja’mi arkoni davlat ham hozir edi.

Nihoyat shahar tomonda sur chalinib, qator-qator tizilgan yarogʻli sarboz va sipohiylar darvozadan chiqishib, chopgancha ikki yoqqa ayrila boshladilar. Ular ustlaridagi sovut va qurollarini shaqirlatishib, bir maromda yugurgancha, havasli tartib ila yaylov tevaragiga saflanib, xalqa hosil qildilar. Ayonki, bu harakatlar Sulton hazratlarining omonligini ta’min etmoq niyatida amalga oshirilardi. Raiyatning intiq nigohi oʻsha yoqqa qadaldi.

Sarbozu sipohiylar maydonni oʻrab boʻlishgach, shahar darvozasida yarim yalangʻoch temirdek qop-qora tanlari moy surilganidan yaltiragan, yelka va bilak poylari boʻrtgan zanjilar paydo boʻldilar. Yigirma-oʻttiz chogʻli bu qullarning ortidan Sulton Malikshoh oʻltirgan koʻshk koʻrindi. Koʻshkni ham oʻn nafar habashiy qul koʻtarib kelmoqda edi. Sulton koʻshkidan soʻng koʻringan malikalar Zubayda Xotun va Turkon Xotun joylashgan koʻshklarni ham zanjilar yelkalab kelardilar. Ulardan keyin kelayotgan kichkintoy shahzodalar-Mahmud, Bekyoruq, Muhammad, Sanjar va sohib devon Nizom ul Mulk mingan otlarning har birini bittadan qul yetaklab olgandi. Oxirida yana yigirma-oʻttiz nafar zanji ergashib kelardi.

Xaloyiq ikkiga ayrilib, sultonga yoʻl berdi va bosh egib, ta’zimda qotdi. Taxtiravon tarafdan bir necha jarchilarning aks sado yangligʻ bir-biriga ulangan baland ovozlari eshitildi:

-Din va shariat tayanchi, fuqaroning suyanchi, olam musulmonlarining buyuk amiri, Iskandari soniy, xurshidi olam sulton Muhammad Jaloliddin Malikshoh ibn Alp Arslon hazratlari!..

Sulton koʻshkdan tushib, taxtiravon oldiga keldi va boshini xiyol qimirlatib, fuqaroga salom berdi hamda ularning olqishiga javoban oʻng qoʻlini koʻtarib, yengil silkindi. Soʻngra oʻng yonidan joy olib, qoʻl qovushtirib turgan a’yonlarga ham bosh silkib oʻtdi. Malika va shahzodalar soʻl tarafdagi oʻrindiqlarga oʻltirdilar.

Oradan biroz muddat oʻtgach, suru nogʻoralar ovozi, olqishu hayqiriqlar tindi, hammayoqqa jimjitlik indi. Endi marosimning asosiy qismi boshlanmogʻi lozim edi. Filhaqiqat, sulton qoshida bir necha kishi paydo boʻldi. Ular oppoq boʻz libosda edilar. Ulardan biri -oq soqoli koʻksini qoplagan basavlat chol qoʻlida patnis ila sulton qoshida tiz choʻkdi. Patnis toʻla bugʻdoy edi. Sulton oʻrnidan turib, «Bismillahir rohmanir rohiym», deya ilkiga bir siqim bugʻdoy oldi. Soʻng shunday dedi:

-Ilohi rizq-roʻzimizni bisyor, iymonimizni basalomat, umrimizni barakotli qilsin, omin!

Jarchilar sultonning lafzini baland ovozlar ila atrofga taratdilar. Xaloyiq «Omin! Omin!» deya ularga joʻr boʻlib hayqirdilar.

Sulton qoʻlidagi bugʻdoyni havolatib, atrofga sochdi va bu sa’yini uch bora takrorladi. U goʻyo yurt uzra xayru barakot urugʻini sochdi. Jarchilar ertadan boshlab yerga urugʻ qadamoqqa ijozat boʻlganligini xalqqa oshkor qildilar.

Endi boyagi farishta misol chol ilkidagi patnisni soʻl yonidagi odamga berib, oʻng yonidagi hamrohidan Kalomullohni oldi va oʻpib, koʻzlariga surdi. U Ollohning Kitobini ikki qoʻllab Sulton tomon choʻzdi va yana tiz choʻkdi. Olampanoh «Bismilloh» ila Kitobni tutib, oʻpdi va koʻzlariga surdi. Soʻng unn ilki ila bagʻriga bosdi. Xaloyiq «Ollohu Akbar» deya na’ra tortdi. Bu bilan hukmdor mamlakatni ilmu irfon va adolat ila boshqarmoqqa va’da bermoqda edi.

Chol ikkinchi hamrohidan oltin sopli va qinli kattakon shamshirni olib, taqi tiz choʻkkancha Sulton hazratlariga uzatdi. Malikshoh soʻl ilkida shamshirni tutib, boshi uzra koʻtardi va «Ollohu Akbar» dedi. Barcha unga ergashdi. Bu uning yurtni, dinu iymonni hamisha mardona himoyat etmoqqa, gʻanimga ayovsiz boʻlmoqqa ahdu paymon qilganligidan nishona edi.

Sulton oʻz oʻrniga oʻltirgach, muhtasib Badriy goʻzal bir ovoz ila Qur’on tilovat qildi. Oftobning zarrin va iliq nurlariga, togʻning mayin shabodasiga Ollohning asrorli kalomi qorishib, mardum vujudini yoqimli jimirlatdi. Sura nihoyasiga yetgach, uning savobini hazrati Mustafo Muhammad sallallohu alayhi vasallam, jamiki anbiyoyu mursalin sahobai kirom, halifai roshidin, aziz avliyolar va sulton Malikshohning ota-bobolari ruhlariga baxshida etdilar.

Shundan soʻng nogʻora-yu dovullar zarblanib, mardonavor va haybatli bir tovushlar majmui vujudga keldi. Bu sarboziy raqsga ishorat edi. Ikki tarafdan jangovar liboslarda, qoʻllarida hilolsimon shamshirlar tutib, ajib bir shiddatli harakatlar ila kirib kelgan eran davra qurib raqs eta boshladilar. Shuningdek, ular raqs asnosida shamshirlar ila bir-birlariga hamla qilib, baland ovozda hayqirib ham qoʻyardilarki, unda chinakam ulugʻ muhorabalardagi manzaralar namoyon boʻlib, «yo hu, yo, hu!» degan na’ralar quloqlarga chalinganday tuyulardi. Ushbu koʻchmanchi jangchi qavmning mardona raqsi edi.

huzuri muborakda boshlangan raqs asnosida ijozati oliy ila butun maydon uzra bayram tantanalari boshlanib ketdi. Xayyom vaziri a’zamga bilinar-bilinmas ishorat etib, arkoni davlatning orqarogʻida turgan ahli rasadxona orasiga keldi. Uni koʻrib Isfazariy oʻz odaticha hazilomuz ohangda dedi:

-Ustoz bu kun chavandozlikda oʻzlarini namoyon etadilarmi yoxud mardlar muhorabasidami? -U Xayyomning har subhida qilguvchi jismoniy mashqlarini va otlarga boʻlgan mehru muhabbatini juda yaxshi bilardi. Shuning uchun ustozining koʻnglini topib, erkalik qildi. -Balki nazm bahsini ixtiyor etarlar?

Xayyom Isfazariyga mugʻombirona jilmayib boqarkan, dedi:

-Sezabon mashqi ila band boʻlganda, biz chavgon oʻyiniga mayl bildirurmiz. Filhol, chavgonchilar maydonga tushsa, bizni boxabar etursen.

Atrofda yengil kulgu koʻtarildi.

Shundan soʻng Xayyom egniga qora rido kiyib, beliga zunnor bogʻlagan rohib Arturga bir maxfiy soʻz aytmoqchiday boʻlib qayrilgan edi, yonidagilar odob yuzasidan ulardan e’tiborlarini olib, xiyol nari surildilar. Rohib Artur oʻrta boʻyli, keng yelkali, choʻziq, katta yuziga qora pahmoq soqoli monand tushgan odam edi. Uning qoshlari yoʻgʻon, qop-qora, koʻzlarining qorachiqlari ham tim siyoh va katta edi. U kishiga dastlabiga olaygandek boqar, chehrasi suhbat mazmunining ogʻishiga qarab, asta-sekin ochilib borardi. Yoshi elliklardan oshgan bu armani rohib ilmi nujum va ilmi handasa-yu tarrohlik bobida ancha mohir edi, boz ustiga nasroniy hamda majusiylarga xos sehr-jodudan ham boxabar edi. Ehtimol musulmonlikni qabul etmay, beliga zunnor bogʻlagani ham shundandir.

Saljuqiy sultonlar qaysi yurtni fath etsalar, u yerdagi ahli ilm, shoiru hunarmandlarning eng zoʻrlarini oʻzlarining bosh kentlariga keltirardilar. Rohib Artur ham Malikshohning padari buzrukvori sulton Alp Arslonning Arman yurtiga qilgan yurishi chogʻida Isfahonga olib kelingandi. Hshanda uning xotini va Maryam ismli qizalogʻi bor edi. Xotini Isfahonga kelish paytida bezgak hastaligidan vafot etdi, qizi Maryam esa hozir boʻyiga yetib, mislsiz bir sohibjamolga aylangan.

-Necha kunkim Maryam koʻrinmaydur, sihati durustmi ishqilib? -soʻradi Xayyom chin dildan qaygʻurib.

Artur uning samimiyatini juda yaxshi bilardi, shul bois qondoshlarcha qilgan muomalotiga monand javob berdi:

-Rayhona qiz yoʻqolganidan buyon xonanishin boʻlib qoldi. Bilasiz-ku ikkisi juda inoq edilar.

Xayyom dom-daraksiz ketgan Rayhona va uning ishqida bir kechada gʻoyib boʻlgan Mahmudni eslab, ogʻir bir xoʻrsinib qoʻydi. Yaxshiki, uning qorongʻilashib borayotgan koʻnglini Arturning ovozi qayta yoritib yubordi:

-Shukrki, u bu kun bayramga chiqdi. Hov, ana, quyida qizaloqlar ila oʻltiradur.-deya Artur maydonning eng chetiga ishorat etdi.

Xayyom nigohi ila Maryamni axtararkan, oʻziga qadalib turgan oʻtkir bir nigohni his etdi-bu malika Turkon Xotunning nigohi edi. U xiyla uzoq boʻlishiga qaramay, Xayyomga qattiq tikilib turardi. «Muddaosi nedur?» degan fikr oʻtdi shoirning xayolidan va oʻzini chalgʻitmoqqa urindi.

-Abul Muzaffar!-deya chaqirdi Isfazariyni.

-Labbay,ustoz.-dedi yosh olim unga yaqinlashib, qoʻl qovushtirarkan.

-Chavgonchilar ne boʻldi?- hazilkash tarzda soʻradi Xayyom.

-Nazarimda hozirlanmoqdalar.

Xayyom sulton qarshisiga oʻtib, ta’zim qildi va ushbu tavozesi ila bir ishga jazm etganini bildirdi. Sulton jilmayib bilinar-bilinmas bosh silkib, ijozat ishorasini qildi. Shoir ayni damda ham Turkon Xotunning oʻyib yuborguday nigohini his etib turardi, biroq u tomonga qaramoqqa jazm qilolmadi. Chetroqqa chiqib, egnidagi jubbasini (kiyimlar ustidan kiyiladigan uzun gulli libos) va sallasini yechib, Isfaraziyga berdi-da, boshiga taqyasini kiygancha soʻl tarafdagi otliqlar davrasi tomon ketdi. Bosh sayis unga eng yaxshi otlardan birini keltirdi. Choʻgʻ misol yaltirayotgan uzun yolli ot juvonmard bir holatga tushgan Xayyomning zavqini taqi oshirdi. U otlarga begona emasdi, bolaligidan ularning zotlarini bilar, u paytlar otasi ila dalada yurganida, soʻngroq Buxoroda yashaganida ham chavandozlik mashqini olgandi. Bu borada unga chapdastligi, chayir ilki va oyoqlari koʻmak berardi. Shuning uchun sakrab otga mindi-da, qoʻliga eman daraxtidan yasalgan chavgon tayogʻini olib, bir hayqirib, oʻzini otliqlar davrasiga urdi...

Chavgon oʻyini tinimsiz hayqiriq va na’ralar ila tomoshabinlarning olqishlari ostida ancha davom etdi. Nihoyat intihoga yetgach, Xayyom terga botgan koʻyi taqi sultonga roʻbaroʻ boʻlib, ta’zim bajo etdi. Hukmdor uni chin ixlos ila olqishladi va bir hamyon tillo hadya qildi.

-Biz janobi Xayyom hazratlarini olimlarning olimi, shoirlarning shoiri, samo toqiga narvon qoʻygan zot deb yursak, ul siddiqimiz chavandozlar chavandozi ham ekanlar?-dedi sulton oʻz hayratini yashirlmay.

ham tinimsiz jismoniy harakat natijasida, ham oliy maqom olqishdan vujudi lov-lov yongan Xayyom boyagi nigohni tagʻin his etdi...

Bu orada huzuri oliyda mushoira boshlanib, shoirlar navbatma-navbat ash’orlar aytdilar. Ash’orlar asosan sulton Malikshoh va saljuqiylar sulolasi madhida edi. Bu nazm bahsida amirul shuaro Qazviniy muzaffariyatga erishib, hukmdorning tuhfasiga sazovor boʻldi.

Kurash maydonida boʻlgan muborizlar muhorabasida Isfazariy va Rindoniyning qistovi ila Mikoil ham ishtirok etdi. U fuzalo va toliblarning olqishu ragʻbatlari ostida bir necha pahlavonlarning yelkalarini tuban etdi. Biroq saroy muborizlaridan boʻlmish bir filmonand turkmanga bel berib qoʻydi. Shunga qaramay, vaziri a’zamning xos hadyasiga musharraf boʻldi.

Namozi peshinga yaqin sulton oʻz ahli ayoli va arjumandlari ila vodiyni tark etib, shahar ichkarisiga yuzlandi. Namozdan soʻng avomning bayram shodiyonalari taqi davom etdi.

2

Xayyom oʻychan va devona bir kayfitda tanho oʻzi daryo sari yurdi. Togʻ irmoqlaridan hosil boʻlib, kengaygan daryo vodiydan biroz quyida edi. Uning suvi bir qadar loyqalangan va shuningdek, koʻpayib, ikki sohilining qaboqlari ostiga bosh urib oqardi. Daryo suvi pasayganda koʻrinib qolguvchi ikki qirgʻoqdagi toshloq hozir suv ostida qolgan, shuning uchun ham daryo bir qarashda gʻoyat vahimali tuyuladiki, bu uning rostdan-da ulugʻvorligini namoyon etadi.

Umar Xayyom vodiydan ancha pastlab, daryoning tik sohilidagi yashil giyohlar ustiga choʻnqayib, shitob oqayotgan suvga tikildi. Shovqin-suronli bayram ogʻushi doʻng ortida qolgan, u oʻltirgan joydan koʻrinmasa-da, odamlarning ovozlari baralla eshitilib turardi.

Daryo togʻdan, ya’ni yuqoridan tushayotganligi bois juda tez oqardi. Ehtimol uning kishi koʻngliga vahm solmogʻi ham ana oʻsha tezligidan boʻlsa-da ajabmas. Zero suvning shashti koʻzni toldiqtirar darajada edi.

Xayyom ana oʻsha tezob suvga tikilib oʻltirarkan, qoshlari kerilib, koʻz kosalari kattalashganday boʻldi-da, shuurida mahzun oʻylar aylana boshladi. Odam umri ham xuddi shu suv kabi juda shitob oqib oʻtib ketarkan. Goho yon-veringga qayrilib qaragani ham ulgurmaysan. Hatto hayotingning eng totli onlarini yashayotganligingni ham oʻz vaqtida payqamaysan. Faqat fursat boy berilganidan soʻnggina... U ham yaqindagina bola edi, rahmatli qiblagohining panohida shoʻx-shodon umr kechirayotgan kitobsevar bolakay edi. Otasi oddiy hunarmand boʻlgani bilan goho koʻp hikmatli gaplarni topib gapirardiki, Abul Fath jon qulogʻi ila tinglardi. Balki chodirdoʻz Ibrohimning bundayin hikmatlarni topib soʻzlashi uning dunyo va yoxud koʻpni koʻrganligidan boʻlsa ham ajabmas. Qolaversa, Nishopur juda qadim maskan ediki, uning kechmishi yuzlab hikmatli kitoblarga jo boʻlardi.

Oʻsha kuni ham ular shahar tashqarisiga zaminkorlikka chiqqandilar. Tuyqusdan otasi Ibrohim Adham gʻoriga bormoqlikni istab qoldi. Naql qilishlaricha, Shayx Ibroxim Adham ibtidoda podshoh nufuzida boʻlgan ekan. Kunlarning birida oʻz taxtida oʻltirarkan, saroy tomidan gʻalati tovush eshitibdi.

-Bu nening ovozi? -deya soʻrabdi u.

-Tuyani qidirayapman.-degan ovoz kelibdi.

-Tuyani tomning ustida qidiradimi?- debdi u hayrat ogʻushida.

-Ey, gʻofil, sen haqni toj-taxt va saroydan qidirmadingmi?! -debdi gʻoyibona ovoz.

Ibrohim Adham qattiq mutaassir boʻlib, yomon ahvolga tushibdi va podshohlikni a’yonlariga topshirib, puldor kiyimlar kiyibdi-da, sahroga bosh olib chiqib ketibdi. Bir joyda tavbai nasuh ( sof holda, qayta gunoh etmaslik ahdi ila qilinadigan tavba) qilibdi. Oʻshanda sahrolarni kezib Balxdan Nishopurga kelibdi va mana shu gʻorda toʻqqiz yil xilvat tutibdi. U har payshanba gʻordan chiqib oʻtin terar va Nishopurga olib tushib sotarkan. Yarim pulini darvishlarga berib, yarmiga oʻzi uchun yemish olarkan. U sidq ila koʻp ulugʻ maqomotlarga yetishgan valiylardan, mashoyihlardan edi. Otasi bormoqni ixtiyor etgan gʻor mudom shayx Ibrohim Adham nomi ila atalardi. Umuman Nishopur shahri va uning atrofida bunaqa ziyorat joylari, xonaqohlar bisyor boʻlib, bu azim kentda juda koʻp aziz avliyolar yashab oʻtgandi. Hshanda otasi gʻor ichida Umarni hamroh tutib, ikki rakat namoz oʻqidi. Koʻp yaxshiliklar, oʻgʻliga ulugʻ martabalar tilab, duolar qildi. Soʻng uni gʻor yaqinidagi buloq boshiga olib bordi. Muzdek buloq suvidan qonib ichdilar va otasi buloqqa tikilib oʻtirib, mana shu rivoyatni soʻzlab berdi:

-Qadimda bir savdogar yashagan ekan. U savdo sotiq bilan juda koʻp yurtlarda boʻlibdi, katta boylik toʻplabdi. Kunlarning birida navbatdagi kent darvozasiga yaqinlasharkan, shundayin manzaraning guvohi boʻlibdi: bir zaminkor omochda yer haydar, lekin omochni ot emas, terga botgan qul tortib borardi. Savdogar yumshoq koʻngilli edi, shul bois qulga rahmi keldi. Qul va uning xojasini yoniga chorlab, qulni sotib olib, ozod qilish istagi bor ekanligini bildirdi. Biroq qul savdogarni hayratga qorib, avval minnatdorchilik bildirdi, soʻng uning taklifini rad etdi va uni sotib olishida ma’no yoʻqligini aytdi. U savdogar va uning karvoniga xotirjam boqarkan, dedi:

-O, muhtaram zot! hamma narsa oʻtkinchi, bu ham oʻtadi.

Savdogar mulzam boʻlibdi-da, bir soʻz aytmasdan yoʻliga ravona boʻlibdi.

Oradan bir necha yil oʻtib, ittifoqo savdogar taqi oʻsha shaharga kelib qolibdi. Biroq u haligi voqeani allaqachon xotiridan ayirgan ekan. Xullas, mollarini oʻz vaqtida sotib, katta foyda olibdi va taomilga koʻra barcha tujjorlar ila oʻsha yurt hukmdorining huzurida boʻlibdilar. Hukmdorga qimmatbaho sovgʻalar in’om etibdilar, u esa mehmonlar sharafiga katta bazm uyushtiribdi. Savdogar toʻkin dasturxon ustida oʻltirarkan, banogoh oʻzi bir vaqtlar qullikdan ozod etmoqni istagan hov oʻsha odamni koʻrib qolibdi. U qimmatbaho liboslarga burkanib, podshohning oʻng yonida oʻltirardi. Nihoyat uning, ya’ni sobiq qulning bosh vazir ekanligidan xabar topgach, lol boʻlib qolibdi.

Vazir ham eski tanishini eslabdi va bazmi oliydan soʻng oʻz uyiga taklif etibdi. Mehmoniga qimmatbaho in’omlar berib, oʻz tarixini hikoya qilib beribdi: shahar behisob yogʻiy qurshovida qolib, podshoh chorasiz ahvolga tushibdi. Qul taqdir taqozosi ila hukmdorga roʻbaroʻ boʻlibdi va yogʻiy oʻrtasiga nizo solib, bir-biri bilan urishtirib qoʻyish tadbirini aytibdi. Hukmdor uning aytganini qilibdi va zafar qozonibdi.

Vazirning bu gʻaroyib sarguzashtidan yanada hayratga tushgan savdogar soʻrabdi:

-Bu ne? Boshingizdan kechirgan azob-uqubatlar evaziga taqdirning in’omimi yoki?..

Vazir miyigʻida kulib, xotirjam debdi:

-Hammasi oʻtkinchi, bu ham oʻtadi!

Savdogar lolu hayron holda shaharni tark etibdi.

Taqi bir necha yil oʻtibdi. Savdogar oʻzining tijoriy yumushlari ila tagʻin oʻsha shaharga kelib qolibdi. Eski tanishi boʻlmish vazirni yoʻqlagan ekan, yurt podshohining vafotidan soʻng bosh vazir uning oʻrniga oʻltirganini aytishibdi. U kechqurun podshoh qabuliga kiribdi. Yangi hukmdor uni iliq kutib olibdi va duru javohirlarga koʻmibdi. Tun boʻyi inson umri va unig boshiga tushguvchi turfa kechmishlar haqida suhbatlar qurishibdi. Nihoyat savdogar podshoh sha’niga hamdu sanolar aytib, bu bu martabaga chindan munosib ekanligini izhor etibdi. Shoh hech narsa demabdi. Faqat xayrlashuv oldidan muloyim ovoz ila oʻzining doimgi gapini aytibdi:

-hammasi oʻtkinchi, bu ham oʻtadi!..

Oradan yillar oʻtib, savdogarning yoʻli yana shu shaharga tushibdi. Shaharga kiribdi-yu sovuq xabar eshitibdi-uning qadrdoniga aylanib qolgan podshoh yaqinda qazo qilgan ekan. U chinakam qaygʻuga choʻmib, doʻsti qoʻyilgan mozoristonga boribdi va uning qabri ustida oʻltirib, qur’on tilovat qilib, unga Ollohdan ulugʻ ajrlar tilabdi. Koʻz yoshlarini artib, sagʻana toshiga bitilgan tanish soʻzlarga koʻzi tushibdi: «Bu ham oʻtadi». Savdogar faryod uribdi, umrning bebaholigini eslab oh tortibdi va ushbu soʻzlarni aytibdi:

-O, mening birodarim, bu safar sen yanglishding! Bunisi oʻtmaydi!

Ma’lum muddat oʻtib, keksaygan, soch-soqoli oqargan savdogar yana oʻsha tanish shaharga kelibdi. Har safargidek oʻzining savdo-yostiq ishlarini yakunlagach, doʻstining qabrini ziyorat qilmoqchi boʻlibdi. Valekin har qancha izlamasin mozoristonni topolmabdi. Odamlardan soʻroqlabdi. Aytishlaricha, uch yil avval koʻklam chogʻi shahar chetidagi daryo toshib, koʻp ofatlar keltiribdi. Quturgan toʻlqin hatto mozoristonni ham tekislab ketibdi. Filhaqiqat, uning oʻrnida qaqragan biyobon yotardi.

Savdogar biron soʻz aytmabdi-da, oʻsha kuniyoq shaharni tark etibdi...

Otasi soʻzini tugatib, buloq suviga oʻychan tikilib qoldi. U oʻz rivoyatini berilib hikoya qildi, bu bevafo dunyo uning oʻziga ham vafo qilmasligini his etib, soʻzladi. Balki u bu rivoyatni biron bir darvishdan eshitgandir, chunki Nishopurda darvishu zohidlar moʻl boʻlguvchi edi. Ularning va’zlari, karomatu maqomatlari ogʻizdan ogʻizga koʻchib yurardi. Biroq otasi bu rivoyatni goʻyo oʻz boshidan kechirgan misol hikoya qildi. Shuning uchunmi, Umar oʻzini oʻshanda juda gʻalati his qilib, ajab holga tushgandi. Hali bola boʻlsa-da, bir necha kun halovatini yoʻqotib, na yemoq-ichmogʻida va na uyqusida orom qolmagandi. Hozir ham huddi ana shunday ahvolga tushdi, shiddat bilan oqayotgan daryoga tikilarkan, yuragi orziqdi. Nimalarnidir istab, bagʻri oʻrtandi, koʻzlarining cheti jizilladi. Chuqur bir xoʻrsindi-da, «hammasi oʻtkinchi», dedi ovoz chiqarib. Ayni damda qalbida joʻsh urgan tugʻyon ila miyasida uygʻongan fikr uygʻunlashib, she’riy satrlarga aylandi:

Loladek qadah tut Navroʻz ayyomi,
Lolayuz yor ila xushdir dil komi.
Shodlik ila may ich, firuza falak
Tuproq qilur oxir, shul ish anjomi.

U yutoqib bagʻrini siladi. Hozir unga na bahoriy salqinlik va na ayqirib oqayotgan daryoning etni junjiktiruvchi salqin shabadasi ta’sir qilmasdi...

Ortidagi sharpani sezib, chap yelkasi osha oʻsha yoqqa qayrildi. Bir necha qadam narida peshonaband ila bostirilgan harir roʻymoli yel ogʻushida maftunkor hilpiragan Maryam hijolatli boqib turardi.

-Fikru oʻyingizga zavol boʻldim, uzr ustod!- dedi u yuzi ollanib,-Assalomu alaykum.

Xayyom fikrini jam etguncha bir muddat esankiradi va salomga alik olarkan, oʻrnidan turdi. U bu bemisl goʻzal hilqat ila roʻbaroʻ kelarkan, taqi ichidan bir narsa sugʻurilib chiqayotganini, oʻzining ikkiga ayrilayotganini sezdi.

Filhaqiqat, Maryamning tim qora armani koʻzlari jon olgʻuvchi edi. Bu koʻzlarni asramoqqa shay turgan paykonlar qayrilma boʻlib, tim qora qoshlarga tutashib ketgudek. Yuzi shu qadar pok va oqki, qaragan sari taqi qaramoq istagan koʻzlar tez toliqadi. Lablari pushtiga moyil, chetlari yuz qismidan tiniq chiziq ila ajratilgan misol. Ular tez-tez qimtinib turar va qimtinganlari sarin labi ustidagi qop-qora xoli ham harakatga kelardiki, bu hari nechuk qalblarga oʻrtanish solmogʻi ayon edi. Xullas, kunduzi daryo boʻyiga tushgan toʻlin oy koʻklam quyoshidan ham oydin koʻrinib, hammayoqni koʻzlarni qamashtirguvchi, dillarni sim-sim oqizguvchi nurga chulgʻadi.

Xayyom har safar Maryamga toʻqnash kelganda, allanechuk tugʻyon va tebranishlarga giriftor boʻlar, goho qayerda turgani, mudaosiyu aytmoqchi boʻlgan soʻzlarini ham faromush etardi. Vujudida olov yonib, qoni qiziy boshlaganini betakror huzur va sarxushlik ila yaqqol his qilardi. Balki bu ehtirosli kechmishlarga ayni kuchga toʻlgan yigit yoshidagi Xayyomning shoir qalbi boisdir va ehtimol Maryamning hurkak ohu kabi zohiri ostidagi bir qadar erkinu ozod fe’li, musulmon qizlariga aksil oʻlaroq dadilligi yoxud erkalikka mengzagan shoʻxligi sababdir. Ne boʻlganda ham Xayyom uning qoshida huzurbaxsh bir otashda qovrula boshlardi.

-Zavol ne, shirin xayollarimga hayot baxsh etding, Maryam, marhabo! -Ayni damda Xayyom oʻzini idora etolmay, sarosimalanmoqda edi. -Nechuk tanhosen?

Qizning kipriklari silkinib, shoirning bagʻriga taqi oʻq otdilar.

-Rayhonani unutmoqqa oʻzimda kuch topolmasmen. Shoʻrlikkinaning holi ne kechdi ekan? -Maryam forsiyda bexato, lekin yoqimli bir talaffuz ila gapirardi.

Ikkisi sohilda suvga tikilgancha mahzun turardilar. Xayyom Rayhona haqida Maryamning koʻngliga taskin berguvchi biron soʻz aytmoqqa ojiz edi.

-U gʻoyib boʻldi-yu men uchun soʻzlashgulik hamroh, doʻst qolmadi. -Maryam hamon suvga tikilib soʻzlardi. -Rayhona koʻp tafakkurli qiz edi, koʻp kitob oʻqirdi. Qancha she’ru gʻazalni yod bilardi. -U soʻzlardi-yu koʻzlaridan yosh oqardi va ularga yana-da qarolik baxsh etardi. -Uni esladimu yuragim siqildi, tanholikni istab qoldim. Bu tomon yursam, baxtimga siz turibsiz!

Xayyom qizning rostmona yigʻlab, anduh chekayotganini koʻrib, achinib ketdi.

-Oʻzingni azoblama, Maryam, balki qizginani Mahmud topib kelar. Olloh xohlasa, hech gap emas. -U qizni chalgʻitishga urindi. -Hzing nechuksen? Padaring ila rasadxonada qiynalmayapsizlarmi?

Maryam bir entikib, ilki ila koʻz yoshlarini artdi.

-Shukr qiynalganimiz yoʻq. Vatandin oʻzga hamma narsa muhayyo, ustod.

Xayyomning bagʻri oʻrtanib ketdi, chunki qizni kichik darddan olib, kattasiga otganini fahmladi.

-Har kun mana bu togʻlarga boqib, Vatanimni, onajonimni eslaymen. Bu yerning togʻlari arman togʻlariga juda oʻxshash, lekin bu yerda tuproq, giyoh moʻl, bizlarda esa tosh. Bu yerning havosi xushboʻy, bizniki boʻlsa yengil va musaffo!- Maryam chuqur bir sogʻinch ila gapirardi.

Xayyom taqi soʻzsiz qoldi, tiliga keltirgulik taskinli soʻz topa olmadi.

Qiz sezgir edi, Xayyomning ahvolini angladi.

-Uzr, ustod, dilingizni xira torttirdim.

Bir tomoni Maryamning Xayyomni oʻziga yaqin olib, bu soʻzlarni gapirishi unga xush yoqardi ham.

-Ha, aytganday, otam nechukdir keyingi kunlarda kamgap boʻlib qoldi. Dilidan halovat arigan koʻrinadi. U kishi sizning suhbatingizni xush koʻradi, balki...

Xayyom qizning muddaosini tushundi.

-Albatta gaplashaman.-dedi qizni erkalovchi bir ohangda...

Sakkizinchi bob

Javzo kirib, koinot tiniqlashdi va shu vajhdan ham rasadxona yumushlari jadallashib qoldi. Samoparast olimlar kecha-yu kunduz osmon ila tillasha boshladilar. Rasadxonaning usturlob oʻrnatilgan keng xosxonasi olimu toliblar ila gavjumlashib, goho bahs-munozaralar yoxud ilmi nujumga oid va’zlar ham jonlanmoqqa tushdi. Osmon, xususan, yulduzlar siru sinoatga boy boʻlganligi va ularning qisman inson taqdiriga tutashligi dunyoni anglash talabidagi boshlarni oʻzi sari chorlab, ularga kun sayin moʻ’jizalar va’da qilaverardi.

Rasadxona togʻ yonbagʻrida joylashgandi va shul bois uning asosiy katta gumbazi ortidan togʻ choʻqqilari qorayib koʻrinib turardi. Xayyom majusiylardan olib kelingan shisha zarrabinni usturlobga oʻrnatib, kuzatishlarini davom ettira boshladi va bu bilan goʻyo koʻk toqiga nigohi yetadigan boʻldi, majozan unga narvon oʻrnatdi. U shogirdlari Isfazariy, Vositiy va boshqalar hamrohligida yulduzlarni oʻrganarkan, shu bilan birga ularning Mirrix, Mushtariy kabi sayyoralarga nisbatini, harakatu hajmlarini ham aniqlashga, kuzatmoqqa tushdi. U yangi taqvim yaratishga kirishganligi bois yulduzlarning oʻn ikki burjini oʻzida mujassam etgan Samon yoʻli (Zodiak) turkumini oʻrganmoqqa astoydil bel bogʻladi. Zero sirli samoning bashariyat taqdiriga tutash manzillari ham aynan shu turkumda edi. Ehtimol samo mehvari, Arshi a’loga tutash ma’vo ham shunda boʻlsa va cheksiz koinotning, ta’bir joiz ersa, markazi (nisbatan) mana shu oraliqda boʻlsa ajabmas. Chunki Yer aylanadi, Oy, Quyyosh va boshqa xilqatlarning bari aylanadi, ya’ni butun koinot harakatda, aylanadi. Demak, aylanarkan...

Bu osmonga dil bogʻlagan Xayyomning oʻylari, fikrlari edi. U butun borliqni oʻz quvvai hofizasiga birvarakay jo etmoqni istardi...

Xayyom hech vaqt fikrlashdan, izlanishdan toʻxtamasdi. U hamisha yangilik sari intilardi, umriga ma’no boʻlayotgan barcha ilmlarni qamrab olmoqqa va ularda oʻziga xos biron kashfiyot yaratmoqqa harakat qilardi. Uning fe’li shunday edi, umrining ma’no-mazmuni harakatda edi. Shu kunlarda u yana bir yangi yumushga qoʻl urdi, ya’nikim osmon xilqatlarini va uning zaminga nisbatini oʻrganishni osonlashtiruvchi bir asbob bunyod etmoqqa kirishdi. Bundan sakson yillar muqaddam Ray shahrida yashab oʻtgan riyozatchi va munajjim Abu Mahmud Homid ibn Xidr al Xoʻjandiyning «Sudsi faxriysi» («Faxriy sekstanti») Xayyomni qiziqtirib kelardi. Mazkur suds yordamida Xoʻjandiy Quyosh bir yilda aylanib chiqadigan katta fazoviy doiraning (ekliptika) Yerning markaziy aylana chizigʻiga (Ekvatorga) ogʻish burchagini aniqlagan. Shuningdek, Rayning kenglama darjasini ham oʻlchagan. Xayyom ana shu sudsni bino etmoqchi boʻldi. Avvalo har tomonlama hisob-kitobli mukammal tarx chizdi. Mazkur tarxga asosan rasadxona yuqorisidagi togʻning toʻshida oraligʻidagi masofa yetti gaz keladigan ikkita oʻzaro yondosh tosh devor oʻrnatilmogʻi lozim. Ularning orasiga esa uchidagi tuynugi aylanasining koʻndalang kesimi (diametri) bir qarich keladigan gumbazsimon toqi biriktiriladi. Bu tuynukning markazini shu devorlar orasidagi tekislikka (meridianga) oʻrnatilgan va koʻndalang kesimi sakson gaz keladigan doira sudsining markazi ila ustma-ust tushadigan qilinadi. Soʻng sudsni yogʻoch taxta ila oʻrab, uni mis ila qoplanadi va aylana darajalarining har birini uch yuz oltmishga boʻlinadi. Bu boʻlimlarning har biri esa oʻn soniya (sekund) keladi. Quyosh chiqayotganida uning nuri shu tuynukdan tekislik chizigʻiga tushmogʻi lozim.

Xoʻjandiy tajribasiga binoan, tuynukdan yerga tushayotgan nurning hajmicha (miqdoricha) doira yasab, uning markazini oʻzaro kesishuvchi ikkita koʻndalang kesimi ila belgilab qoʻyiladi. Doiraning aylanasi yerdagi nur chegarasi ila mos keladi va uning markaziga binoan Quyosh bilan osmonning kuzatuvchi tepasidagi eng baland nuqtasi (zenit) oraligʻidagi masofa aniqlanadi.

Shunday qilib, Xayyom mazkur tarx asosida sudsni qurishga kirishgandi. Kecha Mikoil boshliq sangtaroshlar yondosh devorlarni qurib bitkazdilar. Toqini oʻrnatishda esa Xayyomning oʻzi ishtirok etmogʻi shart, chunki bu yumush zargarlik kabi nozik va aniq harakatlarni, hisob-kitobni talab etadi. Ozgina xatoga yoʻl qoʻyilsa va nurning ogʻishi sezilmas darajada surilsa ham bir necha soniyalar tugul kunlar nisbatida adashuv kelib chiqmogʻi mumkin.

Xayyom rasadxonaning xoshonasi markazidagi usturlob oldida qogʻozdagi ikkita yondosh chiziqqa tikilgancha chuqur oʻyga choʻmib turardi. Ayni damda u taqi ustod Uqlidusning besh qoidasi haqida bosh qotirayotgandi va shuningdek, hayrat ogʻushida edi. Bu mashhur besh qoida, isbot talab etmaguvchi shu besh haqiqat unga bolalikdan oshno. Goʻyo uning barcha ilmlarga oid jami fikrlari, qarashlari va hatto kashflari mana shu qoidalar ortidan yoxud ularning yetovida yaratilgandek...

Korfarmo va Mikoilning kirib kelganligini uning yoniga yetib, salom berganlaridagina payqadi.

-Vaalaykum assalom.-dedi u nigohi mudom tafakkur ogʻushidan chiqmay.

-Xojam, agarki sudsning toqini bugun erta oʻrnatmoqqa kirishmas ekanmiz, biz rasadxona xonalari peshtoqlaridagi naqshlarga ishlov bera tursakmi, deb edik?- ruxsat soʻrash ma’nosida dedi korfarmo.

Nihoyat Xayyom fikrini jamladi.

-Toqini oʻrnatishga ertadan kirishurmiz. Unda oʻzim ishtirok etmasam boʻlmas. Sizlar esa bugun hordiq oling, ijozat.

-Xoʻp boʻladi, xojam.-dedi Korfarmo itoatkorona bosh egib.

-Yaxshi boʻldi. Mikoilning qalin soqol-moʻylovi orasidan tishlari koʻrinib, mamnun jilmayganligini oshkor etdi. -Polvon (ayigʻining ismi shunday edi) ila vodiyni bir kezib qaytamiz!

Xayyom kuldi:

-Polvonning tirnoqlarini taroshlab qoʻysang boʻlarkan, judayam oʻsib ketibdi. Olloh saqlasinu... -U soʻzini intiholamadi.

-Xoʻp boʻladi, ustod...

Tagʻin u ikki yondosh chiziq ila tanho qoldi. Qoshlari chimirilib, manglayi tirishib, ularga tikildi. Soʻng qoʻliga xomani olib, ikkala yondosh chiziqni ham davom ettirib, keskin xoma tortdi. Chiziqlar qogʻoz chetida yakun topdi. Mabodo ul qogʻozga tutash taqi bir qogʻoz yoxud xoma chiziq tortmogʻi mumkin boshqa biron nimarsa boʻlganda edi, ikki yondosh chiziq yana davom etaverardi, biroq tutashmasdi. Shunday qilib, bu chiziqlar Xayyomning nigohida cheksiz bir ma’voda gʻoyib boʻlib, koinot qa’riga singib ketardilaru lekin tutashmasdilar, kesishmasdilar. Yo Qodiro! Nahotki bu juft had mangu shunday davom etaversalar?! Yoʻllarida qancha nigohlar, yuksakliklar, koʻtarilishu tushishlar, ne-ne talotumlar bor. Bu itoatkor, moʻmin chiziqlar bir-birlariga ergashib, abadiy yoʻldalar, na bir-birlariga yaqinlashadilar, na bir-birlaridan uzoq ketadilar. Ular qandaydir koʻrinmas kuchga, toʻgʻrirogʻi, qonunga boʻysunadilar, itoat etadilar. Bu qonunni isbotlamoqqa hojat ham yoʻq, u abadul abad amalda. Yo parvardigoro! Bu abadiy qonunning, oʻzgarmas, isbot talab etmas qoidaning asoschisi, egasi oʻzingsan! Ustod Uqlidus ham buni anglab yetgan va oʻzining isbotga behojat qoidalarini yaratgan. Uning beshinchi qoidasi! Mana, oʻsha beshinchi qoidaga muqobil besh umumiy tushunchalar... Xayyomning koʻzlari katta ochilib, chaqnardi. Hozir u butun vujudi ila ilm zavqining ummoniga shoʻngʻib borardi. U ilmi handasaning shoiriga aylanardi... Xoʻ-oʻsh!.. Haqqi rost, mana oʻsha umumiy tushunchalar:

«Bir-biriga teng boʻlgan oʻzaro ham tengdir.»

Naqadar sodda va joʻn, biroq hech qachon oʻzgarmas qoida. Xayyom har bir tushunchani eslar ekan, oʻsha tushunchaga monand chiziqlarni qogʻozga chizib borardi. Demak, ikkinchi tushuncha:

«Agar tengga teng qoʻshilsa, unda butun ham teng boʻladi.»

Uchinchisi:

«Agar tengdan teng olib tashlansa, unda qoldiq ham teng boʻladi.»

Va:

«Bir biri bilan kesishuvchilar oʻzaro tengdir.»

Yoki soʻnggisi:

«Butun boʻlakdan kattadir.»

Bu borada bahsu munozaraga hojat yoʻq, hammasi toʻppa-toʻgʻri. Shuning uchun ham handasa va uning falsafasi buyukdir...

Xayyom tanish ovozni eshitib, uzoq-uzoqlardan qaytdi va ovoz kelgan tomonga oʻgirildi. Koʻzlarida chaqnagan olov yorugʻ nurga aylandi va nur harir pardaga mengzab, nihoyat ma’lum fursat oʻtgach, parda koʻtarilib, qarshisida turgan rohib Arturni ilgʻadi.

-Xayolingizni boʻlmadimmi ishqilib?-dedi rohib hijolatli ovozda.

-Bu gapingiz gʻalat, Artur hazratlari.- Xayyom ochiq chehra ila quchoq kerib, rohibni xonaning darichalari ostiga qurilgan soʻrichaga taklif etdi. -Marhabo! Marhabo!..

Yuzma-yuz oʻltirdilar.

-Nechukdir hujramga ham, rasadxonaga ham sigʻmasmen. -Artur nigohini qayerda toʻxtatishni bilmas, koʻksi hapqirib-hapqirib qoʻyardi. -Aslida tuni bilan kiprik qoqmadim.

Xayyom otasi tengi bu gʻayri din allomaning ahvolini tushunganday boʻlar, biroq nahotki shu yoshda ham shunchalar tugʻyon, bu qadar bezovtalik nasib etsa, degan andishali oʻy fikrini xulosalashga monelik qilardi. Shuning uchun Arturning koʻnglini ehtiyotlab gapirishga urindi:

-Ne bois uxlamadingiz?

-Rosti tun boʻyi yulduzlarni tomosha qildim.

-Axir umr boʻyi tomosha qilib qonmadingizmi? -Kulib hazillashdi shoir.

-Demak, qonmagan ekanmen.-rohib daricha orqali moviy osmonga tikildi. -Qiziq, yulduzlar hammaga bir xil koʻrinadi - musulmonga ham, nasroniyu majusiyga ham!.. Ammo odamlar ularga bir xil qaramaydilar. Ularga boqib, turli ma’nolar chiqaradilar.

-«Darhaqiqat, biz (erga) eng yaqin osmonga chirogʻlar (yulduzlar) ila ziynat berdik...» («Mulk» surasi, 5-oyat) -Xayyom bu oyatni goʻzal bir qiroat ila oʻqidi va davom etdi. -Bu Olloh taoloning qavli. «Sahihi Buxoriy»da esa bu borada shunday deyiladi: «Qatoda roziyallohu anhu dedilar: «Olloh taolo bul yulduzlarni uch maqsadda -osmonga ziynat, shaytonlarga otiladirgan tosh hamda bandalariga yoʻl koʻrsatuvchi alomatlar boʻlmogʻi uchun yaratdi. Kimki bu oyatni bundan boʻlakcha talqin qilsa, yanglishgan, oxirat nasibasini boy bergan va oʻzi bilmagan (aqli yetmagan) narsa xususida oʻzboshimchalik birlan fikr yuritib, oʻzini-oʻzi kulfatga qoldirgan boʻlur!»

Avvali buyuk oyatning goʻzal qiroati ta’sir etdimi yoki «Sahih»dan keltirilgan soʻzlarmi, Artur Xayyomga tikilib turar va uning aslan xoʻmrayib boqguvchi koʻzlari ayni damda katta ochilib, muloyimlashgandek edi. Hatto bu koʻzlarning chetlarida ashkiy shodalar dumalar va nigohi «najot, najot» deyayotgandek tuyulardi. U hozir oʻzini shoirning poyiga tashlab, huddi yosh bola misol dod solmoqqa, oʻkrab-oʻkrab yigʻlamoqqa tayyordek edi goʻyo.

Xayyom undagi bu holatni hov oʻshanda ham koʻrgandi. Maryam daryo boʻyida undan otasi ila bir gaplashib koʻrishini soʻraganidan soʻng, ertasi kuni payt poylab Arturning hujrasiga kirdi.

Artur tom ma’nodagi kitob koʻrgan odam edi. Yunon va lotin tillarini bilar, bu yerga kelib arabiy hamda forsiyni ham ancha oʻzlashtirib olgandi. U handasa, riyozat, nujum ilmlarini mukammal egallagan, alkimyodan boxabar va shuningdek, afsungarlik (magʻiya) ila ham tuzukkina mashgʻul boʻlgan edi. Oʻz nazdida, u ham ruhiy kamolat sari intilardi.

Xayyom hujraga kirganida Artur oʻchoq yonida olovga tikilgancha tiz choʻkib oʻltirar, lablari nimalarnidir pichirlardi. U yolgʻiz edi. Xayyom unga xalaqit bermaslik uchun indamay beriroqqa oʻltirdi va ham qiziqish, ham hayrat ila rohibning harakatlarini kuzatishga tushdi.

Artur xiyol ovoz chiqarib, allanimalarni oʻqir va ma’lum bir fursat orasida ikki qoʻlini olov sari choʻzib, yuqoriga asta siltasa, olov shiddatli ovoz chiqarar hamda alangasi ulkanlashib, misoli mor (ilon) yangligʻ tepaga intilardi. Bu hol bir necha bor takrorlandi, har takrorlanganda, bunda shaytoniy gʻayb borligini sezgan Xayyom ichida kalima keltirib oʻtirdi. Rohib nihoyat oʻz yumushini yakunlab, choʻqindi va Xayyomga oʻgirildi. Oʻgirildi-yu shoshib oʻrnidan turmoqqa chogʻlandi.

-Keling, xojam, marhabo!

Biroq shoir uni turmoqlikka qoʻymadi:

-Qoʻzgʻolmangiz, janob. Necha bor aytdim, meni «xojam» demangiz deb! -Xayyom rostmona ranjigan edi.

-Afu etgaysiz, faromush qilibmen. -Artur mehrli bir tabassum ila yonidagi ayoqdan sopol piyolaga bahorda ichilguvchi giyohlar damlamasidan quyib, shoirga uzatdi. Bu iliq ichimlik avvaliga biroz taxir tuyulsa-da, oz fursat oʻtib, ogʻizdagi bahorda boʻlguvchi chuchmal ta’mni daf etib, yoqimli bir maza berguvchi edi.

Xayyom ichimlikdan bir xoʻplab, rohibga gap aytmoqchiday ma’noda qaradi.

-Kulbai vayronamizni koʻp obod etdingiz.-Arturning bu mulozamati shoirni muddaoga undadi:

-Ayb etmagaysizu, taqi jodu ila mashgʻul edingiz chogʻi?

Artur xiyol zardali jilmayib, dedi:

-Ne qilay, buyam bir andarmonlikda.- Uning koʻzlari yoʻlini yoʻqotgan odamning nigohi kabi toqat qilib boʻlmas darajada mungligʻ va ta’nali boqardi.

-Bandaning ziynati va andarmonligi ibodat ila deganlar.

-Ibodatim bor, bilursiz.

-Namozni nazarda tutib erdim...

Artur Xayyomga yanada qattiqroq tikildi.

-Namoz?.. -Neningdir andishasida biroz jim qoldi. -Axir namoz musulmonlar ziynati-ku?! Men ersam... -Endi uning nigohi sinovchan ma’noga yoʻgʻrildi.

-Musulmon boʻlmogʻingizga ne toʻsiq bor, janob? -Xayyom bu gapni yoqimli bir tarzda aytdi.

-Dinim toʻsqinlik qiladur.-dedi Artur nigohini olovga qaratarkan, lekin uning ovozidagi qat’iyat ojizona edi.

Jim qoldilar. Soʻng:

-Musulmonlik deysiz! Afu etgaysiz, Xayyom janoblari, biroq... -Artur lablarini qimtib, u yoq-bu yoqqa betoqatlik ila alangladi, nenidir qidirdi goʻyo.

Xayyom esa unga xotirjamlik ila muloyim boqib turardi.

Artur soʻzida davom etdi:

-Biroq musulmonlaringiz mana bu ishga qodirmi? -U shahd ila ilkini oʻchoqdagi olovga tiqdi.

Xayyom bir seskandi-yu «yo Olloh!» deb yubordi va lahzalik hayrati yana xotirjamlik ila almashdi. U shundagina Arturning nigohidagi ma’noni va harakatlaridagi bolalarcha zarda hamda qaysarlikni tushunib yetdi. Filhaqiqat, rohib ayni damda «Mening gapim toʻgʻri» yoxud «Men zoʻrman» qabilida ish tutar va buni soddalarcha isbotlamoqqa urinarkan, roʻbaroʻsidagi aksil fikrli odamning ham oʻz fikrini unikidan zoʻr ekanligini isbotlab bermogʻini istardi. Toʻgʻrirogʻi, undagi insoniy bir xudbinlik, arosat dashtida sarsonlikda qolgan ahvolotini tan olmogʻiga monelik qilardi.

-Bu yumush mening ilkimdan kelmas.- dedi Xayyom rahmi kelayotganini sezdirmaslikka urinib. -Biroq buni siz uhdalayotganingiz yoʻq -bunisini aniq bilurmen.

-Unda kim? -soʻradi Artur hayratini yashirolmay.

-Shayton. Ulugʻ dinimizda «Agar moʻ’jiza koʻrsangizu u iymondan boʻlsa, rostdan ham moʻ’jizadir va u rahmoniydir, mabodo moʻ’jiza koʻrsatayotgan zot iymonsiz boʻlsa, u shaytoniydir, ya’ni jinlarning hunaridir», deyilgan. Siz esa iymondan!.. -Shoir «iymondan bebahrasiz» deyolmadi, suhbatdoshining dilini ogʻritib qoʻymoqlikdan hadiksiradi.

Anchadan beri bagʻrini kemirayotgan ishtiboh zoʻr keldimi yoki Xayyomning gaplari haq ekanligiga tan berdimi, Artur jim qoldi.

Xayyom esa bosiqlik ila davom etdi:

-Iyso alayhissalomga tushgan haqiqiy Injil yoʻqolgan axir. Siz e’tiqod qilayotgan Ahdlar soxta ustozlarning uydirmalari ekanligi sir emas-ku!..

-Bunchalar malomat etmang!-dedi rohib koʻzlarini yerga olib, lekin endi ovozida boyagi qat’iyat, shiddat yoʻq edi.

-Bu gaplarim aslo malomat emas, janob. Mana, bir isboti: nasroniylar Iyso alayhissalom Xudoning oʻgʻli ekanligini, astagʻfurilloh, aytadilaru taqi ul zotning nasl-nasabi shajarasini koʻrsatadilar. -Xayyom oʻz fe’liga zid oʻlaroq ayni paytda mutlaqo qizishmas, oʻzining haq ekanligini bilganligi va suhbatdoshining yoshi ulugʻligi unga shundayin bosiqlik baxsh etayotgandi goʻyo. -Eski Ahdda keltirilgan bashoratlarda aytilishicha, Bani Isroil kutayotgan Masih Dovud alayhissalom xonadonidan chiqishi va kim oʻzini Masih deya bildirsa, Dovud alayhissalomning podshohlik sulolasiga mansubligini isbot etmogʻi lozim edi. Hozir siz muqaddas sanab kelayotgan Injilda esa Iyso alayhissalomning nasl-nasabi Bani Isroilga qaratilgan va u Dovud alayhissalom sulolalarining davomchisi qilib koʻrsatilgan.

Artur roʻbaroʻsidagi musulmon shoirga hay rat ila tikilib qolgan ediki, chamasi, u Xayyomning Injilni bilishini xayoliga ham keltirmagandi.

-Bu Adlarni bayon etmish Matto va Luqa kabi avliyolaringiz katta xatoligʻ yoʻlni tutganlar. E’tiqod va mantiqqa zid shajara toʻqimoq ila ovora boʻlishib, Dovud alayhissalomning sulolasini Maryam onamizning zavji boʻlmish Yusufga bogʻlaydilar. Holbuki Yusuf Iyso alayhissalomning otasi emas edi. Bu toʻqima shajaralarga cherkov ruhoniylari aslo javob topolmaydilar.

Iyso alayhissalomni Olloh taolo otasiz dunyoga keltirgan ekan, Matto va Luqa keltirgan Ahdlardagi shajaraga na hojat? Eh-he, mazkur Ahdlarda bu kabi chalkashliklar bisyor, qay birini aytay!.. Biz musulmonlar Iyso alayhissalomning paygʻambarligiga iymon keltiramiz va ul zotning otasiz dunyoga kelganligiga shak-shubha ham qilmaymiz. Chunki bizga Olloh taoloning bir soʻzi kifoya: «Albatta, Iysoning (otasiz tugʻilishining) misoli Olloh nazdida Odamning misoli kabidirki, uni tuproqdan yaratib, soʻngra «Boʻl?» dedi. Bas, u (jonli) odam boʻldi.» («Oli Imron» surasi, 59-oyat) Zero Hazrati Iyso alayhissalomni haqiqiy maqomlarida ulugʻlagan, ul zotning pok nomlarini har xil boʻlmagʻur tuhmatu boʻhtonlardan asragan ham Islomdir, buyuk Qur’oni karimdir! -Xayyom soʻzini tugatib, quyiga boqqancha sukutga toldi.

Artur esa butunlay boʻshashib, inon-ixtiyorini Xayyomning soʻzlaridagi haqiqatga va ehtimolki uning oʻziga topshirgandek itoatkorona bosh egib oʻltirardi. U ayni damda biron soʻz aytmoqqa qodir emasdi, Xayyomning soʻzlaridan soʻng shunga amin boʻldiki, endi Qur’onni, shariatni astoydil oʻrganmogʻi lozim ekan. Hech yoʻq bahsda teng boʻla olmoq uchun ham oʻrganmogʻi shart. Shul bois hozir u faqat va faqat tanho qolmoqni, shuurini qamrab borayotgan fikrlar taloshini filhol tindirmoqni istardi. Shul bois Xayyomga asta bosh irgʻab «afu etgaysiz» dedi-da, ohista qadamlar ila hujrasi sari yoʻl oldi.

Xayyom esa oʻrnidan turib, uning ortidan xijolat ila qarab qolarkan, «bechora rohibning diliga ozor yetkazdim», degan andisha yuragiga tigʻ yangligʻ sanchilmoqda edi. U oʻzini bilagʻon fahmlab koʻp gapirib qoʻyganligidan va bu ila yetuk bir olim zotning oldida odobsizlik qilibgina qolmay, va’zxonligi ila oʻz koʻnglining tiniq oinasini ham xira torttirganligidan rostmonasiga afsuslanardi. «U senga oʻn-oʻn besh yashar bolamidiyki unga dars bersang, aql oʻrgatsang», deya oʻzini gʻadablardi. Bu ham yetmagandek, yolgʻon ham soʻzladi va bu ila oʻzini koʻz-koʻz etmoqni istadi. Yulduzlarni faqat «Sahih»da aytilganidek, ya’niki yoʻl koʻrsatuvchi sifatidagina oʻrganar emish. Yolgʻon boʻlsa shunchalar boʻlar axir. Kunlarni tunlarga ulab, yulduzlarning inson taqdiriga, kunlaru oylar hisobiga va umuman zaminga ta’sirini oʻrganganini, ul osmon ziynatlarining siru asrorlarini bilishga uringanligini hamda mudom oʻz qismatini yulduzlar ila bogʻlab kelayotganligini nahot unutdi?! Unday paytlarda bu yumushining gunoh ekanligini va hatto gunoh va savob tushunchalari haqida mutlaqo oʻylamas, faqat ilm ila mashgʻul boʻlar edi-ku! U son-sanoqsiz yulduzlar aro va umuman cheksiz bul koinot bagʻrida yaratganning bashar qismatiga dohil ne-ne sirlari, hikmatlari yashiringanligini juda yaxshi biladi. Shuning uchun ham yulduzlarga tobora yovuq kelmoqni tilaydi...

Yulduzlar!.. Yulduzlar!..

Yer aylanadi, Oy, Quyosh va boshqa barcha hilqatlar aylanadi. Ya’nikim butun koinot harakatda, aylanadi. Demak, aylanarkan... Ayonki, birvarakay charx urguvchi xilqatning oʻrtasida girdob, ya’ni tuynuk hosil boʻladi. Yo Parvardigoro! Tanho olim zot! Balki u parda ila bashar nazaridan pinhon etgan oʻzga olamiga ana oʻsha tuynuk orqali olib oʻtar? Ikki olamni bogʻlovchi uzv shu tuynuk boʻlsa ajabmas...

Xayyomning xayoli boʻlindi-yu tagʻin rohib Arturni esladi. Bir musofir, mazlum koʻngilni ranjitdim, deya oʻyladi nadomat ila. Ul bechoraning oldida bilagʻonlik qilmoqqa ne hojat edi? Uning ikki otash orasinda jizgʻanak boʻlib yurganligini bilardi-ku axir! Unga iymondan saboq bermoq istadi. Rost, iymon buyuk ne’mat, Olloh taoloning ulugʻ in’omi, u oʻzi suygan bandalargagina iymon ato etadi. Biroq u barcha uchun bitta, yagona emasmi? Faqat Unga eltuvchi yoʻllar turfa, koʻp. Demakki, oʻsha yoʻllardan tanho Yaratguvchiga intilgan barcha-barchani tushunmoq, asramoq lozim. U goho devonavash koʻyga tushib, xos yoʻl axtargan damlarida, boshqa birovning tushiga ham kirmaguvchi fikr- oʻylarni boshidan oʻtkazadi. Qanday ibodat qilmoqning, deya osiyona fikrlarga beriladi u, ne ma’nosi bor-turibmi, oʻtiribmi? Maqsad-Olloh va uning rahmatiga umidvorlik ekan, ibodatning shakli muhim emas-ku! Pok ruh, pok tan boʻlsa bas, axir! Yo Ollohim, men ijod qilganimda yoxud biron sevimli, nafli yumushimni bajarayotganimda bisyor ibodat qilayotgandek tuyulaveraman, nazdimda. Zero sidqidildan mehnat qilmoq ham ibodatku, yo Sohib Adolat!.. Ne ba’d oʻylarni qiladurmen?! Oʻzing kechirgaysen, Ollohim!.. Muhtaram Arturni qattiq ranjitdim, men dilozor banda.

Rindoniyning ijozat soʻrash ma’nosidagi tomoq qirishi uning xayolini boʻldi.

-Malikamizning kanizaklari huzuringizga kirmoqni tilaydur, xojam. -dedi Rindoniy ta’zim ila.

Xayyom yuz-koʻzini kafti ila bir-ikki ishqaladi va sergak tortganday boʻldi. Soʻng,

-Olib kiring.-deya amr etdi.

Oradan hech qancha muddat oʻtmay, shoirning qoshida ta’zim ila goʻzal bir kanizak turardi. U kanizaklar libosi boʻlmish yashil qaboda edi, boshidagi oq harir roʻymol ustidan peshonaband taqqandi.

-Malikai oliyalari sizga noma yoʻllamish. -U dumaloqlangan qogʻozni tavoze ila Xayyomga uzatdi.

Xayyom nomaga bir qur koʻz yugurtirib chiqdi-da, kanizakka «ma’qul» deganday bosh irgʻadi va shu ila uning ketmogʻiga ijozat ham berdi.

Kanizak tez-tez yurib, pastga-rasadxona hovlisiga tushib, boʻsagʻaga yetganda Polvonni yetaklab kelayotgan Mikoilga roʻbaroʻ boʻldi. Ulkan mahluqni koʻrib, ham hayrat, ham qoʻrquv ogʻushida tosh yangligʻ oʻrnida qotdi.

-Qoʻrqmangiz!-dedi Mikoil ayiqni ortiga olib. -Polvon sohibi jamollarga xuruj etmagay. -U ma’nodor jilmayish ila shunday degani zamono Polvon bir irillab qoʻydi. Bundan kanizak battar qoʻrquvga tushdi, ammo Mikoilning muloyim boqib turgan, otashli nigohiga koʻzlari toʻqnash kelib, xiyol xotirjam tortdi.

-Ismingizni soʻraydur.-dedi mudom jilmayib, Polvonga ishora qilarkan. -Buning oti Polvon, meniki esa Mikoil.

Endi kanizak butunlay oʻziga kelib olgandi. Shul bois yigitga har ne dilni oʻrtab yuborguvchi nozli nigoh ila bir qarash qildi-da, «Layli!» dedi va shahar tomon chopa ketdi...

Toʻqqizinchi bob

Kanizak keltirgan noma Sulton Malikshohning suyukli zavjasi- Movarounnahr hukmdorlari Qoraxoniylar naslidan boʻlmish Zuhra (Turkon) Xotundan edi. Malika maktubida Xayyomni bisyor mutavozelik ila oʻz saroyiga taklif etgandi. Nomani oʻqidi-yu shoirning yuragini xijillik qamradi, ruhiyati xira tortdi. Malikaning ma’noli qarashlarini eslab, eski gumonlari kuchaydi, shuuriga mahzun bir xavotir soya soldi. Biroq malika baribir Malika edi, u ham sohibi farmon boʻlib, sultonniki kabi uning ham amri vojib edi. Shul bois aytilgan vaqtda uning huzurida qoyim boʻlmogʻi shart.

Ertasi kuni choshgohga yaqin Mikoilni ergashtirib Turkon Xotunning qasri sari yoʻl oldi. Mekoilni sherik qilmogʻiga sabab-bir yoʻla saroy kutubxonasiga kirib, anchadan buyon mutolaa etmoqni niyat qilgani kitoblarni olib qaytmoq ham edi. Qolaversa, Mikoilning busiz ham Xayyomga ergashmogʻi tayin edi. Chunki vaziri a’zam shoirning Mikoilga boʻlgan mehrini va bu ayiqmonand ayiqbozning oʻz xojasiga nisbatan samimiy muhabbatini tuyib, uni pinhona Xayyomning joniga posbon etib tayinlagandi. Lekin bu yumushni oʻta yashirin bajarmogʻi lozim ediki, aks holda shoirning ranjida boʻlmogʻi va qarshi turmogʻi aniq edi.

Malikaning qasri sulton saroyiga tutash edi. Ta’bir joiz boʻlsa, Turkon Xotunning saroyi ham bezaklar borasida sultonning saroyidan qolishmasdi. Faqat malikaning saroyi bir qadar chogʻroq boʻlib, chin saroyga muhtashamlikda yon berardi xolos. Biroq devoru shiftlardagi naqshlar beqiyos nafis boʻlib, koʻproq alvon ranglar ishlatilgandi va bu koʻzlarni qamashtirardi. Ul naqshlarga duru javohirlar, yoqutlar ham qadalgandi. Shiftdagi qandillar ham nihoyatda naqshin va mahobatli edi. Ularga oʻrnatilgan shagʻamlar mazkur qandillar uchun maxsus tayyorlangandi.

Malika saroyida ohista qadamlar ila yelib-yugurguvchi kanizaklar bisyor edilar. Xosxona boʻsagʻasida ikki basavlat habash qul qoʻllarini koʻksida qovushtirib turardilar. Saroybeka Xayyom va Mikoilni kutib turmoqqa undab, oʻzi malikaning iznini soʻramoq uchun ichkariga kirib ketdi. Oradan picha muddat oʻtib, saroybeka chiqib keldi-da, tavoze ila Xayyomni ichkariga taklif etdi. Shoir Mekoilni oʻsha yerda qoldirib, xosxonaga kirdi-yu xira alvoniy tusdan koʻzlari qamashib, bir lahza oʻzini yoʻqotdi. Bu joy huddi goʻshangani eslatar, shuning uchun shoirning qalbi ham ilk bora oʻz kelinchagiga yovuq kelayotgan kuyov misol dukirlab ketdi. Shundagina u bu maliikaning chin farogʻatxonasi, ya’nikim ishratxonasi ekanligini fahmladi va shuning asnosida oʻzini tutib olishga urindi. Nigohi ravshanlashib, roʻparasiga sinchkovroq razm soli: harir parda ortidagi taxtiravonda oppoq farqularga chulgʻanib, malika oʻltirardi. Ikki yonidagi ikki kanizak yelpigʻich yelpib turar va undan paydo boʻlgan ojiz bir shaboda harir pardani bilinar-bilinmas toʻlqinlantirardi.

Xayyom xiyol bosh egib, salom berdi.

-Xush kelibsiz, ey, shoirlar sultoni!-dedi malika tantanavor va shuningdek, titroq ovozda. U bu xitobini aytarkan, halovatsiz bir koʻyda siltanib ham qoʻydi. Bu orada ikki yonida bosh egib turgan kanizaklarga ishorat qilgan edi, ular harir pardani ikki tomonga qayirib qoʻydilar.

Ana endi malika taxtiravonining butun hashamati va uning husnu jamoli bir varakay namoyon boʻlib, shoirning koʻzlari tindi. Qoraxoniylar naslidan boʻlmish bu navjuvon chindan-da sohibjamol edi. Uning oq pushti yuzi, qora qayrilma qoshlari, kishiga qattiq tikilguvchi va qorchoʻgʻlari chuqur-chuqur koʻringan juhudiy koʻzlari rostdan ham jon olgʻuvchi edi. Malika Buxoro-Movarounnahr hukmdori Shams ul Mulkning singlisi edi va shuning uchun ham uning butun jismu sa’yidan aslzoda xotinlarga xos kibru havo, gʻurur hamda takabburlik yogʻilib turardi. Shul bois ham u oʻzini saljuqiy sultonning boshqa xotinlaridan anchayin yuqori koʻrardi. Ayniqsa, saljuqiy malika Zubayda Xotunni orqavarotdan «zoti past» deya tahqir etardi. Uning sultonga nisbatan erkin muomalotda boʻlmogʻining sababi yana shunda ediki, ayni damda Movarounnahrning tasarrufini olib kelayotgan hoqon Shams ul Mulk sulton Malikshohning opasiga uylangan edi. Sultonning Buxoroga yurishi qoldirilganligi avvalo Bogʻdod shayxulislomining aralashuvi va vaziri a’zam Nizom ul Mulk janoblarining tadbiri tufayli boʻlsa, shuningdek, malika Turkon Xotunning eriga ta’siriga ham bogʻliq edi. Illo qarindoshlik rishtalari har ishda oʻz hukmini imkon qadar oʻtkazib kelardi.

Shoir malikaning ishorati ila roʻbaroʻdagi naqshin orom kursiga omonat oʻltirdi. Kanizaklar oltin ayoqda salqin gulob tutdilar. Xayyom muzdek ayoqni tutgandan soʻnggina butun vujudi olov yangligʻ yonayotganligini fahmladi. Nafas olishini yengillatmoq uchun koʻylagining yoqasini biroz boʻshatdi. Gulobdan xoʻpladi. Yaxdek huzur bagʻrini yoqimli siypalab oʻtdi.

Nigohi ila shoirni tinimsiz ta’qib etayotgan malika uning ahvolidan boxabar edi. Shuning uchun uni battar iskanjaga olmoqni ixtiyor etdi:

-Nechukkim bizning holimizdin xabar olmoqdin qochadursiz, ey, yulduzlar hoqoni?-dedi malika ma’nodor tabassum ila.

Xayyom oʻzini qoʻlga ola boshladi.

-Malikam ixtiyor etsalar, biz kabi qullarini har daf’a oyoqlari ostida koʻrurlar.

Shoirning gapidan malika ayollarga xos yovvoyi bir huzurni his etdi, biroq bu kechmishini sir tutmoqqa urindi.

-Sizni chorlamoqdin murodimiz, sitamgar koʻngullarimizni goho-goho she’r fayzi ila sarafroz etmogʻingizni oʻtinmoqdir. Zero sizning hikmatu... -malika bir toʻxtalib, ma’nodor tomoq qirib qoʻydi- ishq sehriga toʻla ruboiylaringizga oshiqligʻimiz chindur. Nazmu musiqiy bazmlarimizga taklif etsak, raddingiz boʻlmasmu?

Shoir oʻng qoʻli koʻksida xiyol bosh egib, dedi:

-Malikamning ixtiyorlari biz uchun vojibdur, biroq buning uchun avvalo davlatpanohimizning farz ijozatlari joizdur. -Xayyom malikaning nozik joyidan tutdi va goʻyo gʻolib boʻlgandek tuydi oʻzini.

Ammo Turkon Xotun uni zohiran soʻzamolligi uchun tabassum ila olqishlagan boʻlsa-da, botinan bagʻridagi xusumatning qaro qasriga yana bir mustahkam tosh qoʻymoqda edi...

Bu mahal xosxonaning dahlizida xojasining chiqishiga intiq turgan Mikoil saroy yumushlari ila yelib-yugurayotgan kanizak Layliga roʻbaroʻ keldi. U Mikoilni koʻrdi-yu koʻzlari chaqnagancha toʻxtab qoldi. Ayni damda shodlikdanmi, qoʻrquvdanmi va yoki ishqdanmi, qattiqroq dukurlay boshlagan yuragi basavlat yigit oʻzining qismati ekanligini sezib turardi.

-Xush kelibsiz! -dedi qiz koʻzlarini olib qochib, bosh egarkan.

-Ollohning karamini qarang... -dedi Mikoil quvonchdan yayrab, -Polvon tuni bilan ismingizni takrorlab chiqdi, Layli!

Qiz gap ayiq haqida borayotganligini darrov fahmladi va yigitning haziligi huzurbaxsh bir erkalash ila javob berdi:

-Sizchi? Siz eslamadingizmi ismimni?

Yigit oʻrtandi:

-Ismingizni jonimga naqsh etmishmen, Layli!.. Sizni koʻrmoqqa imkon...

Layli uning gapini boʻldi:

-Sizning bu yerga kelmogʻingiz xavfli. Imkon yetgach, oʻzim sizni topurmen!..

Qiz uni tark etdi.

Shu payt halloslagancha bir mulozim paydo boʻldi.

-Umar Xayyom hazratlari shundamilar?-deya soʻradi u Mikoilga boqib. U Mikoilning Xayyomga dohil ekanligini bilarmidi yoki shoshib qolganidan unga murojaat etdimi, anglash mushkul edi.

-Malikamizning huzuridalar. -taskinlovchi ohangda javob berdi Mikoil.

Mulozim Xayyomning zudlik bilan Nizom ul Mulk huzuriga bormogʻi lozimligini xabar qilgani kelgandi. Yaxshiki, shoir malikaning huzurida uzoq qolmadi. U yerdan chiqdi-yu Mikoilni ergashtirib, vaziri a’zamning qasri sari yugurdi. Chunki sohib devonning chopari bir jiddiy hodisot roʻy berganligiga ishorat etgan edi. Filhaqiqat, Xayyom vaziri a’zamning oshyoni sari kirib kelganida u rangpar bir ahvolda choʻzilib yotar, tinmay koʻksini ishqalab, oh urar va oʻqchirdi. Yonida bir chuhrasi idish tutib, choʻnqayib oʻltirar, uch mulozim esa (tabiblar shekilli), vazir shunday amr etganidanmi, beriroqda yuzlarida xavotir ila tik turishardi.

Xayyom shoshilinch bir shahd ila vaziri a’zamning yoniga choʻnqayib, uning bilagidan tutib, tomiriga barmoq bosdi.

-Ne boʻldi, hazratim?!-deya soʻradi titroq ovozda va uning rangi qochgan yuziga sarasof soldi.

Vazirning koʻzlari yumuq, mislsiz bir ogʻriqmi yoxud otashdanmi manglayidagi tirishlar qalinlashgan, ogʻzining ikki cheti koʻpiklashganday edi. U Xayyomning ovozini eshitib, koʻzlarini qiya ochdi va unga umidvor nazar tashladi. «Xayriyat» dedi ojiz sas ila va ogʻir bir oʻrtanib, koʻzlarini qayta yumdi. Chamasi, u Xayyomni intiq kutgan va yonidagilarga ishonchsizlik bildirgani bois ular boyagidek alpozda turardilar.

Xayyom vazirning zaharlanganligini darrov fahmladi va oʻz egnidagi yengil chakmonini yechib tashlab, tezlikda muolajaga kirishdi. Yonidagilarga aniq-aniq buyruqlar berib, chor tarafga yugurtirdi. Bir pasda iliq suv, dorivor giyohlar va tayyor dorular keltirildi. Xayyom vazirni parda ortiga olib, tabiblardan birining koʻmagida uni xuqna qilishga kirishdi. Avvalo oshqozonni hamda ichaklarni yuvmoq lozim, soʻngra qonni tozalashga kirishilsa ham boʻladi. Ollohning karami bois ogʻu hali butun vujudga tarqab ulgurmagan koʻrinadir, chunki vaziri a’zam hamma narsani idrok etib turardi. Biroq toʻlgʻona-toʻlgʻona oʻqchir, qon aralash koʻkimtir nimarsa qusardi. Nihoyat huqna yakunlanganda uni sovuq ter bosdi, koʻzlari agʻdarilib, dir-dir titray boshladi. Borki tabiblik hunarini shuuriga jamlagan Xayyom endi vazirga qonni tozalamoq uchun xapdori va ketidan raddiogʻu ichirdi. Shu asno uning yuz-koʻzlaridagi terni ham artardi. Lekin vaziri a’zam zir qaqshab qaltirayotganidan bir muddat sarosimalanib, qoʻrqdi. Oradan vahmaga yoʻgʻrilgan ma’lum fursat oʻtgach, bemorning titrogʻi mayinlashib, nafas olishi tekislashdi.

Xayyom oʻziga kelib, qaddini rostladi va «Ollohga shukur!» dedi hoʻrsinib. Shundagina oʻzi ham jiqqa terga botganligini sezdi va yengi ila manglayini artdi. Chindan ham xavf chekinib, xastaning ahvoli umid baxsh eta boshlagandi. Xayyom oʻrnidan turib, yonidagi kishilarga yuzlandi.

-Ne voqea roʻy berdi?-deya soʻroqqa tutdi ularni.

Tabiblar va keyinroq kirib kelgan vazirning nadimlari bir-birlariga boqib, koʻz urishtirib oldilar.

Ibn Bahmanyor janoblari kelib edi... -deya sas berdi vanihoyat ulardan biri.

Ibn Bahmanyor deganlari devonning nufuzli mansabdorlaridan edi. Shundanmi, Xayyom fojeani fahmlaganday boʻldi-da, darhol sulton hazratlariga xabarchi yoʻlladi va soqchiboshiga Ibn Bahmanyorni tutib, hibsga olmoq haqida farmon berdi.

Xayyom biroz tin olgach, peshin namozini hali oʻqimagani yodiga tushdi. Vaqt asrga yaqinlashib qolgan, namozni qazo qilmasdan ado etib olmoq lozim edi. Roʻbaroʻsida xizmatga shay turgan nadimlardan biriga vaziri a’zamni topshirdi-da, tahorat olmoqqa shoshildi.

Nomi butun Xurosonu Movarounnahrga yoyilgan vaziri a’zam Abu Ali Hasan ibn Ali at Tusiy Nizom ul Mulk hazratlari hozir ojiz bir suratda chalqancha yotar, endi uning yuzidagi ayanch, aziyat izlari chekingan, xotirjam koʻz yumib, orom olardi. Umr boʻyi ilm-ma’rifatga, davlat ishlarini takomillashtirmoqqa intilib yashagan bu zot chinakam donishmand, sohibi hikmat odam edi. Bu uning yuz-koʻzida shundoqqina zohir etib turar, unda kishilarni oʻziga tortuvchi bir xislat, ilohiy in’om mujassam edi. U ellik besh yoshlarni qoralab, umr shomi sari borar, buning ustiga toat-ibodat va ilmning fayzidanmi yoxud qalbidagi nurning aksidanmi, ancha nuroniy koʻrinardi. Oʻz zamonasi uchun ancha mukammal davlat idorasini yaratgan, «Siyosatnoma»dek tarixiy kitob yozgan, hatto Nizomiya madrasasida tolibi ilmlarga saboq bergan vazirning bolaligi anchayin muhtojlikda kechgandi...

Vaziri a’zamning padari buzrukvori qadim Tusning oliynasab kishilaridan boʻlib, taqdirning yozigʻi bois kambagʻallikka yuz tutgan edi. U uzoq yillar Xurosonning Gʻaznaviy hukmdori dargohida xizmat qilgandi. Saroyda oʻrta boʻgʻindagi mansabdor boʻlganligidan topgan-tutgani oilasini ta’min etmoqqa zoʻr-bazoʻr yetardi. Volidasi u hali sut emdi boʻlgan paytdayoq olamdan oʻtgan, shoʻrlik bolakay faqatgina ota mehriga qanoat qilmoqqa mahkum edi. Biroq Olloh taoloning karami beqiyos, hikmati moʻl, ya’ni u mehrga tashna bu norasidaga ilohiy bir iste’dod, nodir quvvai hofiza ato etgan edi. Shuning uchun u ilmga juda erta cheksiz mehr qoʻydi. Arabu fors tilini mukammal oʻrgandi, eng nodir kitoblarni mutolaa qildi. Ayniqsa, fikh va hadis ilmlarida beqiyos bir darajotga musharraf boʻldi. Unga omad eshiklari ketma-ket ochilib, taqdiri tabassum ila boqa boshladi. Xuroson shaharlarini kezar ekan, ittifoqo Gʻaznaga kelib qoldi. Bu yerda bir zodagon ila tanishgach, u tufayli Balx hokimi Muhammad Dovudning dargohiga yetib, uning omili (oliq-soliq ishlari bilan shugʻullanuvchi mansabdor) ixtiyorida xizmat qila boshladi. Muhammad Dovud keyinchalik caljuqiylar sultoniga aylangan Alp Arslonning padari edi. Bu dargohda u oʻz ilmu salohiyati ila nazarga tushdi, valine’matining ishonchini qozondi va moddiy ahvoli yaxshilana boshladi. Asli ilmu ma’rifatni suygan omil umr adogʻida sadoqatli xodimini shahzoda Alp Arslon xizmatiga tavsiya qildi. Keksa omilning sadoqatiga inongan Alp Arslon oʻz yumushlarining tasarrufini Nizom ul Mulkka topshirdi. Soʻngroq esa uni oʻz vaziri etib tayinladi. Alp Arslonning amakisi sulton Toʻgʻrulbek olamdan koʻz yumgach, Alp Arslon taxtga oʻtirdi va sultonlik tojini kiydi. Nizom ul mulkni esa vaziri a’zam darajasiga koʻtardi. Kun yetib, sulton Alp Arslonning ham qazosi yetgach, u oʻgʻli Malikshohga sultonlikni vasiyat qildi va oʻgʻlining taqdirini donishmand vaziriga topshirdi. Shu-shu saljuqiylar sulolasining ma’rifatparvarligi va keksa vazirning ilmu tadbirkorligi bois bu turkiy saltanat kun sayin yashnab, kuch-qudratga toʻlib bormoqda. Lekin...

Mana, endi u ojizu notavon bir ahvolda toʻshakka mixlanib yotibdi. Bir necha soat davom etgan jon talvasasi uni toliqtirdi, yiqitdi. Avvalo Olloh taboraka taoloning mehribonchiligi va soʻngra shoiru tabib Umar ibn Ibrohimning sidqidil tadbiri ila omon qoldi. Ayni damda u jon taloshida boy bergan tan quvvatini tiklaguvchi uyquda. Hozir hech narsani oʻylamaydi va oʻylamoqqa imkoni ham yoʻq. Lekin hali oʻziga kelib, shuuri tiniqlashgach, iztirobli bir xayolga tushmogʻi anigʻ: yo, alhazar! Bani bashar yovlashmoqdin, bir-biriga xusumat etmoqdin qachon tolarkin, tinarkin-a?! Butun umrini mana shu odamlarning tinch va toʻkin yashamogʻi, kentlarning obod boʻlmogʻi uchun sarf etayotgan buningdek ezgulik talab bandaning ham shunchalikka borguvchi gʻanimi boʻlsa-ya! Ibn Bahmanyorning badniyat ekanligini hufiyalar orqali hur tugul bilardi. Biroq bunchalikka borar deb oʻylamagandi. Sultonning inisi Muhammad Takash va shoirlar amiri Qazviniy ila bul kimsaning pinhona majlislari boʻlib turmogʻidin ham boxabar edi. Lekin buni hasadning azaliy gʻimirlashlari, oddiy fisqu fujur-da, deb oʻylardi. Endi esa yanglishganiga aqli yetib turibdi. -Ha, hammasiga sabab-sulton Malikshoh ila yaqinligi, olampanohning uning soʻziga koʻpda yon bosmogʻi. Bu odam bolasining fe’lida bor-ikki oqil birlashsa, chin ishonch ila bahamjihat ish olib bormoqqa kirishsa, ularga qarshi qora koʻngil kimsalarning bir necha jamoatlari paydo boʻladi. Shunday ekan, sulton ila vazirning samimiy doʻstligini koʻrolmaganlar necha-nechalab boʻlmoqlari mumkin axir! Vaziri a’zam qanchalar dono boʻlmasin, baribir u ham oddiy banda edi va shuning uchun bu adovatlarga ikki vilyatdagi hokim oʻgʻillari ham bois ekanligini xayoliga keltirmasdi. Bandaga xos boʻlgan bu xudbinlik uningdek dono zotni ham chalgʻitmogʻda edi. Filhaqiqat, uning jami oʻn ikki nafar oʻgʻli boʻlib, ularning ikkisi ikki viloyatda hokim, qolganlari ham saroydagi nufuzli mansablarni egallagan edilar.

Ibn Bahmanyor ertalab vaziri a’zamning huzuriga kirmoqqa ijozat soʻradi. Balxda hokimlik qilayotgan toʻngʻich oʻgʻliga dohil gapi borligini roʻkach qildi. Ibn Bahmanyor huzuriga kirib, oʻltirgach, sohib devon kun issiq boʻlganidan muzdek sharbat keltirmoqni buyurdi. Endi bilsa, bu ishi Ibn Bahmanyor uchun ayni muddao boʻlgan ekan. Aslida-ku ogʻuni u solganligini koʻrgani yoʻq, bu shunchaki qalb sezgisi, aniqrogʻi, gumon edi xolos. Ibn Bahmanyor chiqib ketgach... U oʻgʻli haqida nimalar dedi?! Biron narsa dedimi oʻzi?! Hech narsa aytgani yoʻq, muddaosi hosil boʻlgach, qochib qoldi chogʻi. Keyin esa... Yoʻq, hali u battol chiqib ketmasidan avval vujudi olovlana boshladi. Yo falak! Bu gʻaddor xusumat deganlari qachon charxing ostida qolib, yakson boʻlarkin?!..

Xayyom namozni ado etib qaytganida vaziri a’zam mudom osoyishta uyquda edi.

-Qoʻzgʻolmadilarmi?-soʻradi uni koʻrib oʻrnidan qoʻpgan nadimdan va bemorning yoniga choʻkib, manglayiga kaftini bosdi.

Sulton Malikshoh oshkora xavotir ila shoshib kirib kelganida Xayyom hamon hasta vazirning yonida oʻltirardi. Sultonning ortidan inisi Muhammad Takash ham koʻzlarida sarosima ila ergashib kelgandi. Olampanohni koʻrib Xayyom oʻrnidan qoʻpdi va oʻzini chetga olib, qoʻl qovushtirdi. Tashrifi muborakni sezgan vazir ham koʻzini ochdi va oʻrnidan turmoqqa urindi. Sulton epchillik ila uning yoniga choʻkib, yelkasidan asta bosdi.

-Aziyat chekmangiz, ustoz!-Sultonning mehri tovlanganidan ovozi titrab ketdi. -Ahvolingiz durustmi?.. -dedi u beixtiyor donishmand vazirining rangi qochgan yuziga boqarkan, soʻzini yoʻqotib.

Vazirning quruqshagan lablari tamshanib, ojiz va xorgʻin ovozi eshitildi:

-Shukur, olampanoh!.. -U soʻzini davom ettirolmadi-da, yuzi ayanchli tirishib, tabassum yasashga urindi.

Sulton savolli nazar ila Xayyomga boqdi.

-Vaziri a’zam janoblarini ogʻulashibdi, olampanoh. Kelganim hamono zarur tadbirlarni qoʻlladik. Inshoolloh, xavf chekindi. Ogʻuning asli nabototdin ekani boismi, xavf osonroq daf boʻldi. Chunki giyohdin olingan ogʻu zaif boʻlur. Xudo xohlasa, bir-ikki kunda oyoqqa turgʻaylar... -Xayyom bor gapni sultonga tezroq yetkazmoq uchun muxtasar soʻzladi.

Olampanoh koʻzlarini yumib olgan vazirga yana bir bor nazar tashladi-da, otilmoqqa shaylangan gʻazab oʻtini bosmoq uchun tishlari orasidan dedi:

-Kim?!.. Ogʻuni kim solibdur?!..

Xayyom Sultonning soʻrogʻiga uning ovoziga aksil oʻlaroq vazminlik ila javob qildi:

-Ozgina fursat burun huzurlariga Ibn Bahmanyor kirgan ekan...

-Tutdilarmu?!.. -sulton shoirning gapini boʻlib.

Xayyom bunga tayyor edi, shul bois esankiramadi:

-Soqchiboshiga tutmoqqa farmon berdim.

Sulton vaziri a’zamning ustidagi guldor choyshabni mehribonlik ila tuzatgan boʻlib, shahd oʻrnidan turdi. Yosh saljuqiyzoda sultonning qoni chinakamiga koʻpirmoqda ediki, koʻzlari gʻazabdan yonib, tishlari gʻijirlab ketdi. Filhaqiqat, ayni damda navjuvon hukmdorga yoshlik oʻz hukmini oʻtkazar va u vazminlikni faromush etmoqda edi. Gʻazabdan hayqirmogʻiga hasta vazirning oromini buzmaslik istagi monelik qilardi xolos.

-Zudlikda bosh tabibni bunga chorlangʻiz! U boshliq barcha tabiblar shunda ogoh tursinlar. Vaziri a’zamning sihatidagi har ne oʻzgarishdin meni xabardor etsinlar!-deya amr etdi sulton.

Shu payt shahdam sarboziy odimlar ila soqchiboshi kirib keldi va sulton qoshida tiz choʻkib, bosh egdi .

-Soʻyla!-dedi sulton shoshib, uning ijozatsiz bir soʻz aytmasligini bilganidan.

-Farmonga binoan Ibn Bahmanyorni bandi etdik, olampanoh!

Sulton Xayyomga qayrilidb.

-Narigi xonaga oʻtaylik!

Ular vaziri a’zamning koʻrinishxonasiga (qabulxonasiga) oʻtganlari hamonoq chuhralar sulton uchun oromkursi hozirladilar. Hukmdor ham aynan shuni xohlagandi-aqlga erk bermoq uchun ne qilib boʻlsa-da, gʻazabini sindirmogʻi lozim edi. Buning mashoyixlar e’tirof etgan birlamchi tadbiri esa oʻltirgan boʻlsang qGʻpmoq, turgan boʻlsang oʻltirmoq va kalimai ilohiy ila la’inga xayr bermoqdir. Oromkursiga oʻltirib, ishorat etgach, miqti jussali Ibn Bahmanyorni olib kirdilar. Uning dumaloq koʻzlari olazarak boqar, biroq ularda qoʻrquv sezilmasdi.

-Ne nomaqbul nimarsani tanavvul etding, sakbachcha?! -gʻazabnok bir ovozda soʻradi sulton.

Qoʻllarini qovushtirib, itoatkorona bosh eggan Ibn Bahmanyor yer ostidan gʻoʻldiradi:

-Muborak soʻzlaringizni anglamoqdin ojizmen, oftobi olam.

-Mugʻombirlik nafsiz. Qilmishing ayyon. Vaziri a’zamda ne xusumating bor edi shuni bilmoq istaydurmen.

Ibn Bahmanyor jim turaverdi.

-Gapir, nojins!.. -deya hayqirdi sulton.

Ibn Bahmanyor yana jim.

-Uning boshiga sakning kunini solingʻiz, toki xiyonatini boʻynigʻa olib, gʻalamis sheriklariningʻ nomlarini ham oshkor etsun! Olib chiqingʻ!..

Oʻninchi bob

1

Sulton bu tunni har vaslida uni lazzat va shuningdek, tushuniksiz bir vahmga oshno etguvchi malika- koʻhna Buxoro goʻzali Zuhra Xotun ogʻushida oʻtkazdi. Malika chindan ham husnu latofat, nozu karashma va hatto navqiron sultonni olov-otash bagʻriga solmish shahvat, ya’ni ishq oʻyinlari borasida ham benazir edi. Bu albattaki tojdor hazratlarini befarq qoldirmas, koʻpincha oqshomlarini uning toʻshagida oʻtkazmoqqa oshiqardi. Biroq sulton yosh boʻlishiga qaramay oʻz haddini ham bilardi, ya’ni izmu ixtiyorini ojizalar ilkiga berib qoʻymoqlikdan saqlanardi. Bu borada otasi vasiyat qilgan ustozi Nizom ul Mulkning nasihatlariga amal qilmoqqa urinardi. Chunki butun umrini ilmga, obodlik va ezgulikka sarf etayotgan vazir har bir yumushga kirishmoqdan ilgari uzoq oʻylar, mashoyihlar aytganlaridek-etti oʻlchab bir kesardi. Shul boismi, kamdan-kam adashuvga, xatolikka yoʻl qoʻyar va sulton ham uning yoʻrigʻiga yurib, hali shu damgacha afsus-nadomat chekmagan. Qolaversa, vaziri a’zamning yuz-koʻzida, soʻzida va umuman butun xatti-harakatlarida ajib bir iliqlik, kishini oʻziga tortguvchi, ehtimolki, oʻziga ishontiruvchi, oxir oqibat oʻz ortidan ergashtiruvchi tajalliymi yoxud sehrmi mavjud edi. Ayni shu sehrmi va yoxud boshqa nimarsami, uning gʻanimlariga yoqmasdi, hatto undan qoʻrqardilar. Sultonni sehru jodu ila oʻziga bandi etib olgan, yoʻrigʻiga solgan, deya yozgʻirardilar. Sultonning sohib devonga nisbatan ota meros samimiy mehrini, hurmatini va ikkisining oralaridagi doʻstlikni tushunmoqqa ular qodir emasdilar. Chunki bu koʻhna dunyo shunday yaralgan. Unda iymon ahlining birlashmogʻi, yakdil boʻlmogʻi azal-azaldan mushkul, jamiki yaxshilikpeshalar yakka-yakka holda iztirob ogʻushidalar. Ha, azali shunday. Aksincha, shaytoni la’in qavmidan boʻlmish iymonsiz kimsalar esa juda-juda oson eshlashadilar, bir lahzada boshlari birikib, til ham topishib oladilar. Yosh sulton mana shu jumboqni yechmoqqa ojiz, xuddi shu savdoning iztirobidan dogʻda. Adovatning qoʻllari uzun, tirnoqlari oʻtkir, bir zum ehtiyotni unutsang, vujudingni tilka-pora qiladi. Uning qoshida tojdorlarning haybatu viqori ham hechdir. Agar aksi boʻlganida, ul xusumat ahli sultonning eng yaqin kishisiga, pinhona piri murshidim deb qoʻl bergani donishmand zotga tish qayrarmidilar?! Nadomatkim, ularning bu qilmishlari birinchi bora ham emasdiki, hukmdor uni hamisha his qilib yashardi. Vo darigʻ! Axir na uning, na vaziri a’zamning boshqalarga, aniqrogʻi, a’yonlarga aslo yomonligi yoʻq-ku. Nahotki doʻstlikning, chin birodarlikning, yaxshilik quvvatlanmogʻining siylovi shu boʻlsa?!..

Sulton Malikshoh goʻdaklik chogʻlaridanoq padari buzrukvori Alp Arslon hazratlarining va u kishining xohish irodasiga binoan Nizom ul Mulk janoblarining nazoratida boʻldi. Ha, u saljuqiy sulton buyuk Alp Arslonning zabardast bilaklari, keskir qilichi soyasida hamda buyuk Nizom ul Mulkning tafakkuri, ilmi donishi ta’siri ostida ulgʻaydi. Aynan shunday! Ehtimol u ham shamshir kuchiga zoʻr berib, tafakkur nuridan bebahra boʻlganida bu adovatlar boʻlmasmidi. Chunki qattiqqoʻl otasi bu kabi pinhoniy soʻgʻishlarga mutlaqo yoʻl bermasdi, har ne boʻlsa qilich ila bostirardi. Balki u ilmga hurmati bois yumshoq koʻngil boʻlib va shuning uchun ham gʻalamis kimsalar gʻimirlab qolgandirlar? Ne qilsin, u ham barcha mushkulotlarni qilich ila hal etsinmi? Unda qurayotgani bu rasadxona, bu masjidu madrasalar qonga botmaydimi? Bir qarashda juda oddiy tuyulgan bu oʻylar, hal qilinishi, ayniqsa, hukmdor uchun, oson koʻringan bu mushkullar kishini chindan-da azoblovchi edi.

Malikaning vaslidan xushnud qaytgan sulton miyasiga tuyqus urilgan bu xayollardan soʻng taqi tundlashdi. Malika haqiqatan sultonning koʻnglini ovlashga urindi, bu safar ham qiyossiz lazzat ogʻushiga gʻarq etdi. U ikki oʻgʻlini yoshiga yetmay tuproqqa topshirgach, yurak oldirib qoʻygandi. Besh yoshga toʻlgan yakka-yu yolgʻiz oʻgʻli-shahzoda Mahmud uning tanho umid yulduzi edi va u mana shu umid yulduzining soʻnmasligi, samo uzra baralla nur sochmogʻi eriga-sulton Malikshohga bogʻliq ekanligini juda yaxshi bilardi. Goʻzal malikaning sulton koʻngliga yoʻl izlamogʻiga, uning ishonchini qozonmoqqa urinmogʻiga bois yuksak ma’volarni koʻzlagan onaning matlubi (orzu qilgan narsasi) edi. U yolgʻiz oʻgʻlining saljuqiy malika Zubayda Xotundan tugʻilmish shahzodalardan avval taxtga oʻltirishini, sulton uni birinchi merosxoʻr etib tanlashini istardi. Aslida bu baxtga eng avvalo saljuqiy malikadan tugʻilmish shahzodalar haqli edilar. Buni Zuhra Xotun ham juda yaxshi bilar va shul boisdan ham sultonning koʻngliga yoʻl axtarardi. Botinan erini sahroyi avbosh (bebosh) deya kamsitar, oʻzining koʻhna Buxoro malikasi ekanligidan fahru iftixor etardi, kibr havosida uchardi. Biroq sulton Malikshoh ayol zotining makru xiylasidan ogoh edi va shuning uchun ham kallasidagi oʻylarini birovga, ayniqsa, ojizalarga oshkor etmasdi. Uning kuchi ham aslida shunda edi. Ayollarning davlat ishlariga aralashmogʻiga yoʻl qoʻymaslikni vaziri a’zam oʻrgatgandi. U bu borada koʻplab hikoyat va rivoyatlar ham aytib bergandi. Aynan oʻsha hikoyat va rivoyatlar uning «Siyosatnoma» otligʻ kitobiga ham kiritilgandi. Ayollar ila maslahatlashmoq aslida sultonning Olloh bergan fe’liga ham begona edi.

Sultonning qalbi xush bir suhbatni sogʻindi. Peshin namozidan soʻng kishi yuborib, vaziri a’zamning ahvolidan ogoh boʻlgach, Umar Xayyomni chaqirtirdi. Oʻz bogʻida shoir ila suhbat qurib, koʻngil xijilligini yozmoqni ixtiyor etdi.

Sulton bogʻ sari oʻtmogʻi arafasida yana bir noxush xabarni eshitdi: toʻrt kundan beri zindonda boʻlgan Ibn Bahmanyor qoʻqqisdan qazo qilibdi. Xabar berishlaricha, hali unchalik ogʻir qiynoqlarga solinmagan xiyonatkorning birdan jon taslim qilishi shubhali edi. Har tugul uni oʻlar darajada azoblashmagan va sultonning ijozati boʻlmagach, qatl etmoqqa ham jur’atlari yetmasligi aniq edi. Nahotki xiyonatchi kaslarning ildizlari zindongacha yetgan boʻlsa-ya? Bandi oʻz sheriklarini fosh etguvchi biron bir gap aytib ulgurmaganligidan bilmoq mumkinki, uni oʻldirishgani chin... Sulton oʻychan va parishon qiyofada ulkan bogʻning naqshinkor shiyponiga yetib borganda ortidagi Xayyomni payqadi. Koʻrishdilar. Ibn Bahmanyorning vafoti haqida Xayyom ham eshitgandi, shuning uchun sultonning yuzida zuhur etgan tashvish ma’nosini tushunganday boʻldi. Bu esa hukmdor to fikrlarini jamlab olgunga qadar jim turmogʻi lozimligini anglatdi.

Oʻltirdilar...

Bogʻ bisyor koʻrkam edi. Hov narida turfa xil mevalar barq urib yashnagan, oftob nuriga yoʻgʻrilgan yashillik koʻzni qamashtiradi. Berida, ya’ni shiypon tevaragida esa xar xil tusdagi gullar qiygʻos ochilib yotibdi. Gulzorning umumrangida muzaffarlikka erishgan qizillik betakror bir goʻzal manzara kashf etgandiki, kishi qalbiga ehtiros, tugʻyon solmogʻi ayon edi. Gulzor yoqasida qad rostlagan qator sarvlar esa gul uzmoqqa shaylangan suluv qizlarga monand. Gul va mevalarning oralariga tosh yotqizilib, tekis yoʻlaklar qurilgan. Bogʻu gulzor bagʻridan har turfa qushlarning sayrashlari eshitiladi.

Shiypon juda soʻlim edi. Ayniqsa, uning tomidan har tarafga bir maromda shildirab oqib turgan suv tarovati jonga orom bagʻishlaydi. Bu suv korizlar (er osti ariqlari) orqali oqib kelib, shiypon tomiga koʻtarilardi va tom uzra yoyilardi. Goʻyo shiyponning toʻrt tomoniga yaltiroq harir parda tortilganday... Tabiatning fusunkor manzarasi gʻashlangan koʻngullarga oʻz ta’sirini oʻtkazmay qolmadi-sulton xiyol yengil tortdi. Shay turgan goʻzal kanizaklar uning ishorasi ila xizmatga kirishdilar. Keng xontaxta ustidagi shohona dasturxon koʻzni qamashtirardi. Eng avvalo kanizaklar tutgan yaxna sharbatdan totindilar. Vujudlariga huzur indi.

-Bu gal shatranj ila boshingizni tanglamoqchi emasmen, shoir. -deya jilmaydi sulton,-Illo bizni ham she’ru yulduzlarga oshno etmogʻingizni istaydurmiz.

Sultonning lutfidan shoirning ham yuzida tabassum balqdi.

-Bosh ustiga, olampanoh.-dedi qoʻlini koʻksiga qoʻyib.

-Koʻnglingiz daryo boʻlib oqsun, shoir. Biz esa unda gʻarq boʻlaylik.

Xayyom sultonning qoshida oʻltirganini unutmadi, zero u hukmdorlar huzurida muvozanatni tutmoq lozimligini juda yaxshi anglardi. Shohlar Quyosh yangligʻ-bisyor yovuqlashsang, kuyib qolasan, oncha uzoqlashsang, yaxlab toʻnasan, degan hikmatni oʻqigan, uqqan edi. Shul bois hamdu sano uchun tiliga erk berdi:

-Sizning shonu shavkatingiz taqi saxovatingiz ummoni oldida biz bir jilgʻamiz, hazratim. Siz bahri muhitsiz.

Shoirning gapi xush yoqib, sulton mamnun jilmaydi, koʻzlari quvlik ila qisilib, boʻrtgan turkona yonoqlari yaltiradi.

-Bir she’r aytingiz, shoir!

-Mening shoirlik da’vom yoʻqdir, vale bir-ikki mashq etganim bor. Hozir esa... -Xayyom bir qoʻzgʻolib oldida, qoʻlini koʻksiga qoʻyib, yengil ta’zim qildi.- Rudakiy hazratlaridan bir bitik aytgum:

Dilim, tokay «oʻzim» deysan, parishon,
Temirni urma koʻp behuda, ey jon.
Dilim bir donu ishq esa togʻ,
Nechun bir donga bu togʻdek tegirmon?
Kelib koʻr Rudakiyni, sen agarda
Koʻray dersan tirik tanniki bejon.

Xayyom she’rni oʻktam bir ovozda, yoqimli ohangda oʻqidi. Koʻzlarini yumib, she’r ohangiga monand tebrangan sulton biroz sukut ortidan «Ofarin!» dedi va chuqur xoʻsinib qoʻydi.

-Filhaqiqat, bu kajraftor falak odam bolasining uvoqdek boshiga togʻ yangligʻ balolarni yogʻdirgʻusi ekan!

Xayyom oʻz quloqlariga ishonmadi-mana shu roʻbaroʻsida oʻltirgan odam dunyoni zir titratgan oʻshal buyuk saljuqiy sulton Malikshohmi yoxud oʻzgami? Bunchalar xorgʻin va zabun koʻrinmasa u?!

Biroq sultonning bu holati lahzalik edi, oniy bir insoniy ojizlik, olam shoʻrishlaridan xorgʻinlik uni shu lahzalar ichra mahf etgandi. Mana u yana magʻrur angorga kirdi, qoshlari chimirilib, oʻychan bir holatda dedi:

-Ibn Bahmanyorni oʻldiribdurlar! Taqi xiyonat!..

Xayyomning fe’lida tezlik va xiyol badgumonlik bor edi. Yuragi seskanib, «nahotki mendan shubha qilayotgan boʻlsa?», deya oʻyladi. To sulton unga nazar tashlaguncha qoni ham, oʻyi ham tinib, oʻzini oʻnglab oldi.

-Eshitdingʻizmi?-soʻradi sulton yarim qahrli ovozda yana tilida oʻgʻizona shevasi paydo boʻlib.

-Eshitdim, olampanoh.

-Bungʻa ne deysiz?

-Bir nima demoqqa ojizmen, sultonim.

-Bu kimningʻ ilkidur?-sulton bu gapni oʻziga oʻzi gapirayotganday oʻychan qiyofada aytdi.

Bu orada kanizaklar muzdek maviz (mayiz) musallasidan keltirdilar va ayoqlarga quyib, hamsuhbatlarga tutdilar. Mezbonlik hurmatidanmi yoki rostdan ham Xayyom ila xush suhbat qurmoq istagidamidi, sultonning yuziga yana tabassum yugurdi.

-Bul haqda she’ringiz bisyor turar, janob?-dedi Malikshoh barmogʻi ila bodali oltin ayoqni chertarkan, mugʻombirona jilmayib.

Shoir ham tabassum qildi va tagdor soʻz aytdi:

-Tojdorning amri vojib.

Xurramlik kitobin oʻqimoq kerak,
Dilda gʻam koʻkati oʻsmasin andak.
May ichib, istaging oʻrinlat doim,
Ma’lumki, tez kelur oʻlimdan darak.

Bu sultonning koʻngliga qarab aytilgan she’r edi.

-Oʻlmagʻaysiz, shoir! Qani!-qadahga ishora qildi hukmdor.

Ichdilar.

Bu orada xush boʻyi dimogʻlarni qitiqlagan suyuq taom tortildi.

Taomlandilar.

-Janoblari osmon ilmi ila ham mashgʻullar. Yulduzlar asroridan ham soʻylasunlar.-Sultonning nafsi orom topib, musallas tufayli qoni qiziganidanmi, endi muloyim soʻzlardi.- Ularning insonlar taqdiridan soʻz aytmogʻi chinmi? Axir Ummul Kitobda...-gapini soʻngiga yetkazmadi, zero fikrini shoir tushunganligini payqadi.

-Haq gap, sultonim.-deya gap boshladi Xayyom soʻz ohangiga oz boʻlsa-da dagʻallik singmogʻidan ehtiyotlanib. -Filhaqiqat, Olloh taboraka taolo Qur’oni karimda yulduzlarga qarab fol ochmoqni, taqdirlardan bashorat qilmoqni ta’qiq etgan. Zero bu majusiylarga xos bir ilatdurki, u bilan mashgʻul boʻlmoq musulmon ummatiga chandon ofatlar yogʻdirmogʻi ham tayin... - Shu yerga yetganda shoir chaynalib, oʻz fikrini sultonga toʻla aytmoqdan xavfsirayotganligini oshkor etib qoʻydi.

-Tortinmay soʻzlayvering, ey, Ibrohimning oʻgʻli! -deya xitob qildi sulton arab lisonida va jilmayib qoʻshib qoʻydi, -Ijozat.

Shoir dadillashdi:

-Biroq ilmi nujum oʻz nomi ila ilmdur. U ila shugʻullanmoq olam moʻ’jizalarini anglab, Ollohning kuchu qudratini tuymoqqa imkon beradi. Demak, jamiki mahluqotni anglamoq mumkin boʻladi. Bu esa oʻzni anglamoqdur. Oʻzlikni anlamoq oʻz davomiyligi ila Olloh vasliga musharraf etadi. Illo Hazrati risolatpanoh sallallohu alayhi vasallam «Beshikdan to qabrgacha ilm izlang», deya bejiz marhamat qilmaganlar.

Sulton kuldi:

-Demak, olamni anglash yoʻlida kufr ketmoq ham joiz ekan-da?

-Fikri ojizimcha, unday emas, olampanoh. Ehtimolki, sarvari olam paygʻambarimiz sallalohu alayhi vasallam «Dinda chuqur ketmanglar» deganlarida shu narsani nazarda tutgandirlar.

Bu ayni topib aytilgan gap edi. Jim qoldilar.

Nihoyat yana sulton tilga kirdi:

-Nahotki ular chindan ham odam bolasining taqdiriga ta’sir eta olsalar?

Xayyom hukmdorning izat-nafsini himoyalagan holda ohista javob berdi:

-Aynan shunday, hazratim. Illo Olloh taoloning moʻ’jizasi-yu asrori behisob. Yulduzlar ham ana oʻsha asrordan biridir. Falakning aylanishi bois tun va kun almashib turadi. Yulduzlarning taqdirlarga ta’siri ham falakning oʻsha aylanishi asosiga qurilgan. Ya’ni oʻn ikkita burj boʻlib, ularning har birida ma’lum yulduzlar turkumi jam boʻlganlar. Ular yulduzlarning xonadonlari hisoblanadilar. Burjlarning nomlarini sultonim ham biladilar, albatta.

-Adashmadingiz, shoir. Vale bu sirning ostiga mudom yetolmayotirmen,-dedi sulton borki diqqatini jamlab Xayyomga tikilarkan.

Xayyom ham endi suhbatga berilib ketgandi.

-Insonning ruhi va shuuri samo toqiga uzviyligi shubhasiz. Axir Odam safiyuolloh koʻkdan-jannatdan quvilmaganmidilar. Qolaversa, ruh bizning aqlimizdan necha chandon taraqqiy etgan bir asrordir. Bu haqda Olloh taboraka taolo ham xabar bergan. Balki qodiri Olloh oʻz sirini oʻsha yulduzlarga pinhon etgandir. Sayyoralarning oʻshal burjlardagi yulduzlarga munosabati inson taqdiridan mujdalar beradi.

Kanizaklar navbatdagi taomni keltirdilar.

-Soʻzlayvering, shoir!-dedi sulton shoshib, qiziq bu suhbatdan ayrilib qolishdan choʻchiganday.

-Olloh bu burjlarni toʻrt xususiyat ila yaratdi. Buni bilmoq ham juda muhimdir. Ya’niki ularning uchtasi oʻtga, uchtasi tuproqqa, uchtasi havoga, uchtasi suvga mansubdir. Zero Olloh Odamni mana shu unsurlarning uygʻunligidan bino etgan-bu sir emas. Demak, har birimizning vujudimizda ana oʻsha unsurlar mujassam va ularni ruh idora etadi hamda samo ila bogʻlab turadi.

-Subhonolloh!.. -Sultonning koʻzlari chaqnab ketdi,-Demakki, butun mahluqot-nabototu hayvonot, barcha-barchamiz bir butun ekanmiz-da?

Xayyom ta’zim qilarkan, dedi:

-Sultonim haq gapni aytdilar. Bir butunligimiz shunda ham aks etadiki, agar odam jazm etsa, oʻt-oʻlanu daraxtlar, parranda-yu darranda va jamiki mahluqotning tilini tushunmogʻi mumkin. Bundayin xislat paygʻambari mursalinlarga va ba’zi valiyullohlarga ham ato etilganligi buning isbotidir.

-Ha-a, -bu gaplardan ta’sirlandi sulton,- Olloh taboraka taoloning hikmati moʻl!..

Shoirning mabodo gap samo xususida borguday boʻlsa, berilib ketganidan goho fikr ummoniga gʻarq boʻlmoq odati mavjud edi.

-Basharning butkul hayoti osmon ila hamrishtadir. Oldingi qavmlarning halokatga yuz tutishini, osmondan tosh yogʻilishini eslang, olampanoh. Hatto yerga keladigan ofatlar ham samodan kutiladi. Chunki unda yerga ancha yaqin boʻlgan mayda olov yulduzlar suzib yuradi. Mabodo ular zaminga urilguday boʻlsalar bormi... Faqat Ollohgina bu oftlardan saqlab turibdi.

Xayyomning qulogʻiga ulugʻ bir sukunat kelib urildi-da, barcha tovushlar nari qochdilar va u oʻzini yuhoday boʻshliq qa’riga tushib qolganday his qildi. Qarshisida oʻychan oʻltirgan sulton ham koʻz oʻngidan uzoq-uzoqlarga ketib borardi. U chap yoniga xiyol oʻgirilishi hamono koʻz ostida xira qoramtir parda hosil boʻlib, tobora chor atrofni qamrab olayotganga mengzadi. Bu holat unga tanish edi, shul sabab koʻnglida istigʻfor aytdi. «Yo Olloh!.. Bu nechuk sinoat?!..» Orqa tomonidagi gulzor bagʻridan bulbulning ovozi eshitildi. Bu ovoz shu qadar tiniq, zavqli va mastona ediki, hatto bundayin xonishlarni necha bor tinglagan hamda bunga koʻnikib ulgargan sulton Malikshohning ham e’tiborini tortdi. Shoir hukmdorning nigohida aks etgan shavq va qiziquvchanlikka uygʻun bir alpozda asta ortiga oʻgirildi. Nadomatki, shiyponcha tomidan oqib turgan suv pardasi nariroqni kuzatmoqqa monelik qildi. Sultonga ergashib u ham oʻrnidan turdi, ikkisi shiyponcha boʻsagʻasiga chiqdilar. Ikki mastona koʻngil-jahongir shoh hamda benazir olim va shoir nigohlari ila sohibi navoni, qalblariga mislsiz otash solgan hofizni izlay boshladilar. U hamon sayrardi, ovozi va kuyi tobora joʻshib borardi. Javzo adogʻida qoni junbushga kelgan qush ularni uzoq intizor qilmadi, avval chaman chetidagi gulning pastki shoxida paydo boʻldi-da, soʻng yerga tushdi. Ovozi esa tobora balandlab, tobora nolakor boʻlib borardi. U oʻziga hayrat ila boqib turgan shoh va shoirga ancha yaqin kelib qolgandi.

Lolu hayratda qolgan sulton bulbul xonishini uzoq tingladi. Soʻng:

-Navosozlar shohi poyingizdadir, shoir!-dedi ovozidagi ehtiros ta’sirini yashirolmay. -Shuncha yurt kezib, yurt soʻrab, hali bunaqasini koʻrmagan, eshitmagan erdim. Bulbul inson qoshida tiz choʻkib, xonish qildi-ya! Bu ham boʻlsa, sizning sharofatingizdandur va u buyuk istiqbolingizdin bashorat qiladur.

Xayyom ham qattiq mutaassir boʻlgan va u ham ehtirosini yashirmoqdin ojiz edi. Buning ustiga, olamni titratgan tojdor unga chin dildan ehtirom koʻrsatib turardi. Shuning uchun bosh egib, sultonga ta’zim qildi.

-Sultonim bizning ta’rifda mubolagʻa etdilar. Navosozning bu alpozi olampanohning ulugʻligi hamda qudratining haybatidandur.-dedi lutfi oliyga javob lutf etib va sarxush bir ovoz ila she’r oʻqidi:

-Bu kun bulbul oʻqir dostonu doston,
Mayni qoʻldan-qoʻyma mastonu maston.
Turib gulzorga chiq, uch-toʻrt kun boʻlsin
Hurramlik manziling boʻstonu boʻston.

Shoir koʻz oʻngidagi boyagi xira parda koʻtarilganday, oʻng yonidan yorugʻ taralib, borliqni ishgʻol etganday tuyuldi...

2

Xayyom rasadxonaga oʻshanday ahvolda, turfa tuygʻular ogʻushida qaytdi. Mikoilga ijozat berib, yuqoriga-oshyonasi tomon koʻtarilarkan, yuragida allanechuk iztirobli otash tugʻyon urib, oʻrtana boshladi. Eshikdan kirdi-yu uning sharpasini payqab, peshvoz chiqqan Parmudaga roʻbaroʻ boʻldi. Unga oʻz kechmishini sezdirmaslik uchun bilinar-bilinmas ishorat ila ijozat berdi va xonasi sari oʻtdi. Boshidagi sallasini olib, devorga ildi, jubbasini yecharkan, uning sidrilib oyogʻi ostiga tushganini ham payqamadi. U oʻzini bu koʻyga solayotgan tuygʻuni she’r dardi deb oʻyladi va xato qildi. Chunki xontaxta ustiga kelib, davot uzra enkayishi hamono boʻgʻziga nimadir tiqildi va sapchib qaddini rostladi. Nazdida, bagʻri kuyib borayotgandek tuyuldi-da, koʻksini kafti ila yutoqib ishqaladi, barmoqlari ila tirnab tashlagisi keldi. Biroq butun tanasi qzib, kipriklarining osti achishmoqqa tushdi. «Yo Olloh, bu ne asror?!» deb yubordi chiyillab. Keyin quloqlari goh shovqin-suronga toʻlib, shangʻilladi, goh qiyossiz bir sukunat ila oʻranib, vang boʻldi. Boʻgʻzidagi nimarsa tashqariga otila boshladi, kipriklari ostida choʻgʻ paydo boʻlganday yonib, uchqunlar sachratdi. Na turolmas, na oʻltirolmas va na yotolmas, oʻzini u yondan-bu yonga urardi. Goh u devorga, goh bu devorga musht tushirar, tinmay «I-ii!.. Vah-h!.. Uxxuxuxu-uu!» deya tovush chiqarar, «Menga ne boʻldi?» deb oʻzini oʻzi savolga tutar va bu soʻroqqa hozir javob topgulik holda emasdi. Koʻzlaridan yosh otilib ketdi. «Yoʻ-oʻoʻqq!..» dedi u taqi bir bora devorni mushtlab. Ammo na bu xitob, na vujudidagi gʻururu or va na devorga urilgan mushtlari uning jolalarini tutib qola olmadilar. U yigʻini tan olmay yigʻlayverdi, koʻz yoshlari oqaverdilar va shu asno butun xona uzra oppoq nur yoyilaverdi.

-Yo Qodir Olloh!.. -deya oʻrtandi u.

Uning borligʻini nur qamrab oldi. Ayni damda vaqt oʻlchamsiz edi goʻyo...

Shu payt shiftdan oʻz ipiga osilib asta pastlayotgan ankabutga (oʻrgimchakka) koʻzi tushdi. Unga andarmon boʻlib, oʻrtanishlari toʻxtadi. Paygʻambar sallallohu alayhi vasallamning haloskori (Paygʻambar sallallohu alayhi vasallamni mushriklar quvganda, tuyqus gʻorga yashirinadilar. Oʻshanda Ollohning irodasi ila oʻrgamchaklar tezlikda gʻor ogʻziga oʻz toʻrlarini toʻqib gʻoʻyadilar. Mushriklar gʻor ogʻzidagi oʻrgimchak toʻrini koʻrib, u yerga hech kim kirmagan, deb oʻylaydilar va paygʻambarimiz omon qoladilar. Bu yerda shu voqeaga ishora qilinmoqda.) qavmidan boʻlmishni kaftiga oldi. Ankabut tek qotdi. Shoir bu seroyoq qora jonzotni koʻzlariga yaqinroq olib kelib, tikildi. Yo Rab, bu mahluq tengsiz bir san’at mahsuli boʻlgan naqsh yangligʻ buyuk Musavvirning bemisl ijodini koʻz-koʻz etib turardi. Uning tugʻyonlari butkul tindi, otashlari soʻndi. Ankabutni kaftida tutib, daricha oldiga bordi-da, tashqariga chiqarib tashladi. Chuqur bir hoʻrsinqgʻ ila vujudini yengillashtirib, davot sari qaytdi. Oʻltirdi. Ilkiga xomani olib, yoza boshladi:

Sukut va faqirlik emasdir bekor,
Dunyo talabiga hadsiz ofat bor.
Ikki koʻz, til, quloq omon chogʻida
Koʻzu til, quloqsiz boʻlmoqlik darkor.

Toʻrt satrni bir nafasda yozib bitgach, qogʻozni qoʻliga olib, yozuviga biroz tikilib turdi va she’rni ovoz chiqarib oʻqidi. Soʻng mamnun jilmayib, yengil tin oldi. Ayni damda shuurida ushbu fikr aylandi: «Parmudani sohibi devonning haramiga qaytarmogʻim durust boʻlur, chogʻi?..» va buning ortidan koʻz oldida Maryamning goʻzal chehrasi namoyon boʻldi.

Oʻn birinchi bob

1

Mikoil Laylini shahar qopqasida kutmoqda edi. Darvozabonlarga berilgan kumush tanga qizga tashlanadigan savollarning umriga zomin boʻldi. Oqshom fayzidan va visol tugʻyonidan mastu masrur ikkovlon ildam qadamlar ila daryo tomon bordilar. Tun oydin edi. Koʻk toqida gʻuj boʻlib jamlangan yulduzlar har tarafga sochilib borayotganday siyraklasha boradilar. Toʻlin oy misoli shamchirogʻu uning tevaragida miltiragan yulduzlar parvonalar yangligʻ. Ularning ojiz nurlari toʻlqin-toʻlqin boʻlib oqayotgan daryo suvida jilvalanadi. Termulib turgan odamning koʻziga goho suv ham nur taratayotganday tuyuladi.

Mikoil ham rasadxonaga kelib, Xayyomdek yulduzlar ilmining sultoni ila muloqotda boʻlib, har kuni samo saltanati ahli haqida gaplar eshitavergach, beixtiyor tarzda oʻzida yulduzlarga qiziquvchanlik seza boshlagandi. Hozir ham sohildagi quyuq maysa ustiga yonma-yon oʻltiradilaru u osmonga tikilib, bir entikib qoʻydi. Ehtimolki, vujudidagi gʻalayonni bosib, tez-tez urayotgan yuragini sovutmoqchi boʻldimi, anchagacha soʻzsiz oʻltirdi. U-ku er kishi, ayni damda qiz ham huddi shu ahvolda edi, entikib-entikib nafas olardi.

-Haram bekasi oʻz xobgohiga kirib ketgach, pinhona qocha qoldim. Durust qilibmanmi?..-dedi qiqirlab qiz.

Yigit uning bu ragʻbatidan soʻng xiyol dadillashdi:

-Soz qilibsiz, Layli, juda soz!-deya oʻrtandi u butun jismi ila qizga talpinib,-shukurki, maktubimni olgan ekansiz.

-Olgandim...-dedi qiz ehtiros ogʻushida ovozi titrab,-Shundan beri jonimda halovat yoʻq. Hali shu choqqacha bundayin kechmish menga begona edi... Kecha tun boʻyi yigʻladim!- qizning koʻzlarida yosh yiltiradi.

-Nechuk, Layli?!-Mikoil qizning soʻl ilkini kaftlari orasiga oldi,-Nechuk yigʻladingiz, jonim?!

Bu olovli soʻzdan qiz bir seskanib tushdi va uning ta’sirida bir muddat soʻzsiz oʻltirdi.

-Hali goʻdaklik chogʻimdayoq meni Movarounnahr hukmdorining qizi, buxoro malikasi Zuhra Xotunga in’om qilganlar. Na ota-onamni, na qarindosh-urugʻlarimni eslay olaman. Bir umr shirin soʻzga, dildan qilinguvchi samimiy muomalaga zor boʻlib yashadim. Axir!.. -Qizning boʻgʻziga yigʻi tiqilib, gapirolmay qoldi.-Axir kishida oila boʻlmogʻi kerak-ku, shunday emasmi?! Oila Olloh va uning paygʻambari tomonidan ham sharaflanadi-ku!..

Oʻz Vatanidan, yaqinlaridan butunlay yiroq tushgan Mikoilning ham bu gapdan yurak-bagʻri ezilib ketdi, qizga dil-dilidan achindi. Uning barmoqlarini ohista silab, ovutmoqqa urindi.

Qiz oʻzini hiyla bosib oldi, yigitning samimiy mehrini tuyib, shuuri tiniqlashdi.

-Malikamizni sultonga uzatishgach, bizni ham oliyamizning sep-sidrasi ila Isfahonga yoʻlladilar. Endi mening birdan-bir orzuim, tunu kun Ollohdan tilagan zorim bor-bu shirin bir oila qurmoq, vayrona boʻlsa-da oʻz uyimga erishmoq!.. -Qiz xoʻrsindi, bir-ikki hiqqillab yuz-koʻzlaridagi yoshni artdi.-Sizni koʻrdimu, koʻzlaringizdagi samimiyatni his etdimu, orzuim ushalmogʻiga ishona boshladim. -U yigitning Oy ziyosida aniq koʻrinib turgan koʻzlariga qattiq tikilib, nola qildi.-Orzuim ushaladi,a?! Siz bunga sa’y etasiz-a?!

Mikoil qizni bagʻriga tortib, yuz-koʻzlarini siladi. Butun vujudidan balogʻat ufurib turgan yorining xushboʻy hidini simirdi.

-Ha, jonim, ha! Xojam Umar Xayyom hazratlaridan oʻtinamen. U kishi bizlarga albatta shafqat ilkini uzatgaylar!

Yigit qizni qattiqroq quchib, tamshangan lablariga lab bosdi. Ular chandon totli edilar...

2

Mikoil rasadxonaning yuqori qismidagi xosxonaga kirib kelganda usturlob yonidagi tarxu chizmalar tevaragida Vositiy, Isfazariy, Artur rohib va Rindoniy qizgʻin suhbat ogʻushida edilar. Uning miyasiga eng avvalo «xojam koʻrinmaydilaru» degan fikr urildi.

-Assalomu alaykum.-dedi negadir davraga yaqinlashmaslikka urinib v tokchada turgan idishdagi suvdan simirmoqqa tutindi.

-Vaalaykum assalom.-derkan Ifazariy odati boʻyicha jilmayib, Mikoilga ikki ogʻiz soʻz aytib qoʻymoqni lozim topdi.-Sizni Polvonni sayrga olib ketgan desak, oʻzingiz ketavergan ekansiz-da. Buyoqda Polvon bechora bir boʻzlaydi-bir boʻzlaydi.- endi u oʻz soʻzini mutoyibaga yoʻgʻirdi. -Sohibi ersa, daryo ogʻushida gʻarqlar.

Mikoil bir sarosimalandi, «sezib qolishdimikin-a?» degan hadikda zimdan hammaga bir-bir qarab chiqdi. Filhaqiqat, faqatgina rohib atrofga va ayniqsa, unga beparvo oʻltirar, qolganlar esa birovi sezdirib, birovi pinhona nazar tashlab qoʻydilar. Mikoil daryoda choʻmilgani bois kechki salqinda xiyol junjikib turar va buning ustiga oʻrtanganidan muzdek suvni simirgani badaniga battarroq sovuq taratdi. Soqol-moʻylovi, tanasi moychiroqning xira qizgʻish nurida yaltirab koʻrindi.

Uning xijolatda qolganligini sezgan Rindoniy e’tiborni boshqa yoqqa burmoqqa urindi:

-Hay, sizlar yulduzlaringni kovlashtiringlar boʻlmasa. Men ham oʻz yumushlarimni qilay. -U shunday deya kuchanib oʻrnidan turdi.

Taqi Isfazariyning soʻzamolligi tutdi:

-Yulduzlarga aytaringiz yoʻqmidur, Rindoniy bobo?

-Yulduzlar ila siz soʻzlashursiz, siz xezlashursiz, mullo yigit. Biz ersa zaminda yurib turgʻonimizdan shodmiz.

Rindoniyning quvnoq, biroq tagdor gapidan soʻng davrada yengil kulgu qoʻpdi.

-Ustoz qanilar?-soʻradi Mikoil «meni soʻroqlamadimi ishqilib» degan savol ohangida.

-Ustoz tafakkur ila bandlar chogʻi, hanuz chiqmadilar. Shomdan avval oshyonasiga kirib ketib edilar.-dedi Vositiy ham savolga javob berib, ham oʻz fikrlarini bildirmoq ma’nosida.

Mikoil xotirjam qiyofaga kirib, bir chetga oʻltirdi. Ayni damda davradagilar ham uning ahvoliga befarq qolgandilar.

-Nazarimda, hisob-kitoblarimiz taxt boʻldi.-dedi Artur doʻrillagan ovoz ila oʻychan qiyofada.- tarxu chizmalarimiz ham tayyor. Xayyom janoblari bir nazar qilsalar bas.

-Ustozning ajab fe’li bor-da,-deya yana tilga kirdi Isfazariy,-Bir ulugʻ ishni boshlaydilaru taqi boshqa nimarsani rejalab boradilar. Mana, shamsiy taqvim ishlari nihoyalab, «Solnomai Malikiy» nomini olmoqda hamki ul zot oʻzga oʻylar ila bandlar. Kim biladi hozir...

Xosxonaning burchagida oʻz ishlari ila mashgʻul boʻlgan Rindoniy ilkida eski latta tutgan koʻyi taqi davraga yaqinlashdi.

-Xojamiz buyuk qalb sohibidirlar. Har sohada hurlikni qadrlaguvchilar.-deya gap boshladi rohibning yonboshiga oʻltirarkan. -Basiyri a’loning (Ollohning) haqqi-hurmati hech kishini hech bir fikr va yoxud amali uchun ta’qibu taqiq etmagaylar. Ollohni ham har kim oʻz bilganicha taniydur deydilar. Aslinda ham ana shunisi haqdur. Birovning aqli ila topilgan nimarsa, filhol birovnikidur...

-Devonaning devona falsafasi tutdi.-deya shipshidi tirjayib Isfazariy Vositiyning qulogʻiga.

-Har ilmda qalbga ham, aqlga ham erk bermoq darkor. Xojamiz shuning uchun ham buyuklarki, koʻngul hurligini tarannum etadilar. Ul zot Ollohning erka bir qulidirlarki, bu erkaligi barchaga xush ham yoqadi. U Ollohga huddi bola onasiga erkalagani yangligʻ devona bir yoʻsinda koʻngul yoradi... -Rindoniy soʻzlashdan toʻxtab, goʻyo nafasi qaytib ketayotganday u yon-bu yoniga toʻlgʻondi va «Eh, sizlar baribir tushunmaysizlar-da», deganday siltanib qoʻydi.

-Ishqilib Bobo Rindoniy hazratlarimizni Adam Shayxga murid qilib olib borib bermasalar bas.-dedi Isfazariy hazilini mudom davom ettirarkan.

Biroq endi hech kim kulmadi va aksincha, «etar endi», deganday ketma-ket zardali tomoq qirib qoʻydilar. Shundagina Isfazariy ham yoshligiga borib oshirib yuborganini fahmladi. Axir ancha-muncha odamni emas, shuhrati yetti iqlimga ketgan koʻhna Isfahonning eng katta shayxul mashoyixi, karomatgoʻy pir Adam Shayxning nomini tilga oldi-ya! Ulugʻlarning nomini kalaka qilmoqlik nafaqat Islom odobiga monand kelmasdi, shuningdek, bu ulugʻ shayxni butun boshkent ahli e’zozlashini, unga ixlos qilmogʻini inobatga olganda ham ul zot haqida bepisandlik ila aytilgan yuqoridagi gap beodoblik va fahmsizlikdan oʻzga narsa emasdi. Ayni damda bu borada barchaning fikru oʻyi uygʻun edi.

Oʻrtada vujudga kelgan noqulay vaziyatga taqi Rindoniy barham berdi:

-Bir rivoyat eshitgan edim. Biz omiy odammiz, mabodo rivoyatimiz ham omiycha boʻlsa, aybga sanamaysizlar. -Bu cholning xokisorlik ila aytgan soʻzi edi, aslida u ancha-muncha ilmlardan boxabar, kitob koʻrgan odam edi.

Hamrohlar Rindoniydan qiziq va hikmatli gaplarni juda koʻp eshitguvchi edilar, shul sabab barchalari uning ogʻziga tikildilar. Ayniqsa, umrining keyingi oʻn yilcha muddatini musulmonlar ichra yashab, oʻzi uchun koʻp yangiliklarni kashf etib, hayotida keskin oʻzgarish va yoxud evrilish paydo boʻlayotganligini his qilayotgan rohib Artur unga alohida e’tibor ila quloq tutib turardi.

-Olloh taboraka taoloning hikmatli kunlarining birida hazrati Muso alayhissalom yoʻlda ketayotib, qoʻy boqayotgan choʻbon (choʻpon)ga roʻbaroʻ kelibdi. Mundoq sarasof solsa, ul qoʻychoʻbon Olloh ila soʻzlashur emish. Dermishki, «ey, Xudoyim, choriqlaring boʻlsa, ber, tikib beray, sochlaringni tarab qoʻyay. Mabodo qoʻylaring boʻlsa, ayt, boqib, semirtirib beray, Xudojon!..» Nazdida, gʻofil boʻlgan choʻbonning soʻzlaridan hazrati Musoning jahli chiqibdi.

-Ey, omiy choʻbon, sen nelar deyursan?! Olloh taoloda choriq, soch ne qilur? Vallohu a’lam dunyodagi barcha qoʻylarning sohibi ul zot emasmi?-deya qattiq tanbeh beribdi.

Choʻbon darrov tavba qilibdi.

Muso alayhissalomga esa oʻsha kecha vahiy nozil boʻlibdi:

-Ey, Muso, -debdi Holiqi olam,-bizni sidqi dildan sevguvchi bir habibimizdan mahrum etdingiz. Oʻshal choʻbonning aytgan soʻzlari chin va samimiy edi, siz uni ranjitdingiz. Biz bandalarning soʻziga qarab emas, qalbiga nazar tashlab baholaymiz!

Endi hazrati Muso aylayhissalom istigʻfor aytibdi...

Huddi shu kabi Xayyom hazratlari ham Ollohga arzu munojotda hur va samimiy boʻlmoqlikni yoqlaydilar.

Bu gap barchaga yoqib tushdi va hammalari bundayin fikr oʻz shuurlarida azaldan bor boʻlganligini, lekin bu qadar sodda hamda ta’sirchan tarzda oʻylab koʻrmaganliklarini, lozim boʻlsa, bundayin sodda yoʻsinda ifoda etolmasliklarini ham tan oldilar. Shuning uchun suhbatdoshlarning bari mamnun bir qiyofada, suhbatning nihoyasidan rozi boʻlib, yengil tin oldilar.

-Chizmalarni ertaga koʻrib chiqamiz chogʻ?-dedi Vositiy «tursak ham boʻlar», degan ohangda.

Bu mahal Mikoilni ogoh etib, Polvon ham ayanchli oʻkirib qoʻydi.

Birin-ketin qoʻzgʻoldilar. Keng xontaxta ustida esa tarxu chizmalar yozigʻliq koʻyi qoldi.

Xayyom boshchiligida bunyod etilayotgan «Faxriy sudsi» qurilishi nihoyalangan va unda amalga oshirilgan hisob-kitoblarga binoan shamsiy taqvim yaratilib boʻlingandi. Endigi ish Xayyomning soʻnggi xulosasi-yu «Solnomai Malikiy», ya’ni yangi taqvimni olampanoh hazratlariga taqdim etishdagina qolgandi xolos. Rasadxona ahli xosining shoirni intiq kutganligining boisi ham shunda edi.

Ramollar (astronomlar)ning yozishlaricha, Quyoshning yillik aylanishi uch yuz oltmish besh kecha-kunduz va bir kecha-kunduzning toʻrtdan bir ulushiga teng (ya’ni 365 kecha-kunduz 5 soatu 48 daqiqa, 45 1/4 soniya). U oʻzining yillik aylanishida oʻn ikki burjdan har birini bir oylik muddatda bosib oʻtadi. Quyoshning Hamal burjiga kirishi bahorgi e’tidolga, ya’ni tun bilan kunning teng boʻlgan vaqtiga toʻgʻri keladi. Uning mazkur aylana yoʻli 360 darajaga boʻlingan boʻlib, har bir burji 30 darajani egallaydi. Har bir darajaning oltmishdan biri «daqiqa» deb ataladi.

Shunday qilib, Xayyom ana oʻsha suds yordamida yil, oy, kun, soat, daqiqa muddatlarini aniq va ravshan hisoblab chiqib, mukammal bir solnoma tuzdi. Ayni damda butun Eron, Xuroson va Movarounnahr xalqlari Yazdijard yil hisobidan foydalanar edilar. Bu yil hisobi sosoniylar davlatining podshohi (632-681) Yazdijard uchinchi tomonidan joriy etilgan edi. Nihoyat endi bu taqvim «Solnomai Malikiy» bilan almashtiriladigan boʻldi.

(Umar Xayom yaratgan taqvim hozirgi kunda butun olamda foydalaniladigan Grigoryan taqvimidan ham aniqroqdir. Amaldagi taqvim boʻyicha yilning oʻrtacha davomiyligi 365, 2425 kecha-kunduzga teng, ya’ni aniq hisobdagi yil hisobiga nisbatan boʻlgan farq 0,0003 kecha-kunduzni tashkil etadi. Demak, bundan har 3333 yilda 1 kunlik farq vujudga kelishi ma’lum boʻladi. Joʻnroq qilib aytsak, har 3333 yilda bir ortiqcha kun kelib chiqadi.

Xayyomning taqvimida esa kabisa yillar 4, 8, 17, 16, 20, 24, 28 va 33-yillarga toʻgʻri kelib, 33 yil muddatli oddiy hisob yaratiladi. Unda bir yilning davomiyligi 365, 2424 kecha-kunduzga teng boʻlib, farq 0,0002 kecha-kunduzga toʻgʻri keladi. Ya’ni bir kunlik farq har 5000 yilda paydo boʻladi.

Umar Xayyom dahosidagi buyuklikni shu oddiygina misoldan ham anglash mumkin.)

3

Xayyom davot uzra oʻltirar, koʻzlari bir nuqtaga qadalgan koʻyi xayol ummonida suzmoqda edi. Bu ummon esa tizginsiz-goh sokin bir koʻyda cheksiz-chegarasiz saltanatini koʻz-koʻz aylasa, goh toʻfon bagʻrida toʻlgʻonib, boshini koʻk toqiga urguday boʻladi. Xotira uning kemasi. Yaxshiki xotira bor, yaxshiki inson yodi bor. Aks holda bashariy tuygʻularga gʻorat kelmasmidi. Unda onaizorini, qadrdon xonadonini sogʻingan shoir ne qilardi, bu olovni qay suv ila soʻndirardi?

Volidasi juda muloyim ayol, chin ma’nodagi muslima. Uni ne umidlar ila panohlab ulgʻaytirdi. Erta tili chiqqanidan, erta kitob tutganidan quvondi. Yolgʻizim deb suydi, mahramim deb sevindi, tobutkashim deb ardoqladi. U esa oʻn oltiga toʻlib-toʻlmay ilm ishqida va endi oʻzini oʻzi gʻadablamogʻiga sabab boʻlgan shon-shuhrat talabida uyini tark etdi. Hatto qiblagohining janozasida tobut boshida turmadi, uni oʻz ilki ila mahram suviga (er kishini oʻgʻillari, ayolni qizlari vafotidan soʻng gʻassol kelgunicha mahram suviga olib, tanini poklab, toza liboslarini kiydirib qoʻyishlari lozim) ololmadi, soʻnggi soʻzini tinglab, vasiyatini eshitolmadi. Ibrohim chodirdoʻzning oʻksik tanini lahadga oʻzgalar qoʻydi, uning yolgʻiz oʻgʻliga bogʻlagan umidlari zavol topdi, oʻgʻillik burchiga vafosizliq ayladi. Voh, falak! Bu ne koʻrgulikki, ikki jigarpora soʻnggi damda bir-birlarining diydorlariga yetolmasalar! Shoʻrlik otasi ne armonlarda jon taslim etdi ekan? Bu sarkash farzandidan norizo ketgan boʻlsa, nahotki oxiratda endi uning ahvoli tang boʻlgʻay?! Astagʻfurilloh!..

Xayyom bilardi-uning vujudidagi nur, ziyo volidasidan oʻtgan. Chunki onasi chindan ham Tangri yarlaqagan nurposh ayol, hamisha yaxshilikka esh, uning uchun gʻayriegulikning oʻzi yoʻqdek. Ustaxonada Umarning xushi ogʻgan hov oʻsha kunda ham shoʻrlik onasi ne koʻyga tushgandi, tanhoginasining alfozidan qoʻrquvga tushgan ayol aqlidan mosuvo boʻlib, savdoyi holiga kelayozgandi... Volidai zorini, singiljonini qanchalar sogʻindi-ya. Bu foniy dunyoda qondosh jigarlarning ham oʻz oʻrni, oʻz hikmatli ma’nosi bor ekan. Odam bolasi goho qarindoshlari ila hasratlashgisi kelar, hech yoʻq diydorlashib, bir dasturxon tevaragida oʻltirmoqni qoʻmsab ham qolar ekan. Illo xiyonatdan yiroq, ta’masiz suyanch hamisha zarur va u kishiga bemisl bir quvvat ham ato etguvchidir.

Xayyom avvaliga bir qism aqcha ila kishi yoʻllab, onasi va singlisini Isfahonga chorladi. Biroq ildizlari koʻhna Nishopurgning hikmat toʻla tufrogʻiga chirmashib ketgan beva onasi uning chorloviga rad javobini berdi, «padaringning xoki muboragini qoldirib, xushnud yashamoqlik, ul kishining arvohini tentiratmoqlik oxiratimning zavolidir, bolajonim», deya uning ham qalbini larzaga soldi. Endi esa, mana, jigarlariga atab Isfahondan bir hovli sotib oldi va taqi Nishopurga kishi joʻnatdi. Bir hamyon aqchaga zor-zor qaqshab bitgan nomasini qoʻshib yoʻlladi. Olloh nasib etsa, hademay nomasiga javob olmogʻi yoki onasi va singlisining diydoriga toʻymogʻi tayin.

Xayyom qoʻlidagi xomani barmoqlari orasida aylantirib, qalbu shuurini qamragan sogʻinchni quvmoqqa va qayta ilm ila mashgʻul boʻlmoqqa urindi. Shu bois xayolini chalgʻitmoq ilinjida nigohini taqi davotga burdi, fikrini jam etib, yozayotgani falsafiy asarining adogʻini esladi. Umuman Xayyomning fe’lu tabiati shundogʻ ediki, asli u kam bitar, aksariyat hollarda mutolaa ila band boʻlardi. Mabodo biron risola bitmoqni ixtiyor etsa, uzoq oʻylab yurar, soʻng yozmoqqa kirishardi. Oʻsha asarini bita turib, shuurida boshqa biron reja tugʻilib, uni ham yozmoq uchun ilhomi joʻsh ursa, paysallamoq unga begona edi. U ikki xil mavzudagi ikki asarni birvarakay qogʻozga tushirmoqqa imkonli edi va bundan oʻzi chinakamiga huzurlanardi. Goho qalbida she’r ishqi yonsa, bir zamon jununvash Umar Xayyom qoyimga kelsa, bitayotgan risolalarining hoshiyalariga toʻrt satr nazm toʻkmoq odati ham bor edi.

Ayni damda ham birvarakayiga ikki risola bitmoqda edi: ularning biri falsafaga oid boʻlib, «Risolai fil vujud», ya’ni «Borliq haqida risola» deb atalardi. Ikkinchi asarini esa «Uqlidus risolasiga kirish mushkulliklariga izohlar» deb nomlagandi va u Xayyomga bolalagidanoq oshno boʻlib kelayotgan Uqlidusning oʻsha mashhur beshinchi qoidasiga, ya’niki yondosh chiziqlarga bagʻishlagandi. Shu kunlarda u mazkur risolasini nihoyasiga yetkazmoq arafasida turardi. U risolaning ilk satrlarini esladi: «Ilm oʻrganmoq va uning koʻmagida haqiqiy isbotu dalillarga erishmoq oxirat azobidan omon qolmoqni, abadiy halovatga yetishmoqni ixtiyor etganlar uchun muhimdir. Xususan, u boqiy dunyo, ruh mavjudligi va uning abadiyligi, Mutlaq zotning boqiy va ulugʻligi, unga eltuvchi sifatlarni bunyod etish, farishtalar, paygʻambarlar sayyidining hamda ul zot keltirgan xabarning haqligi haqidagi umumiy tushuncha va qonunlarga ham dahldordir...» Xayyom xuddi shu fikrlarini barcha- ulamo ham, fuzalo-yu fuqaro ham va hatto olampanoh ham bilmogʻini, anglamogʻini istardi. Filhaqiqat, har qanday ilm Ollohga eltuvchi eng ishonchli va sobit yoʻldir. Zero dunyoni, olamni anglab borgan, shunga qodir boʻlgan odamgina Yaratganning borligini, ulugʻligini toʻla his eta oladi. Barcha ulum (ilmlar) ham aslida Ollohniki, demak, u oʻzini anglatish, tanitish, qolaversa, basharning mushkulini oson qilmoq uchun oʻz ilmlarini yaratgan. Bundan anglanadiki, ularni oʻrganmoq shart, aksincha, ularni inkor etguvchilar esa shakkok va osiydirlar. Chunki ularning bu sa’ylari Ollohni tanimoqdan bosh tortmoqlik ila barobardir. Xayyom kecha shogirdlariga ham shunga uygʻun gap aytganligini esladi. Yangi taqvimning nihoyasiga yetayotganligidan gʻururlangan Abul Muzaffar kibr boʻyi anqigan soʻzlarni tizdi:

-Bu qadar aniq hisob-kitobni moziy koʻrmagan, ustoz. Har bir daqiqa va hatto soniyaning nechadan bir ulushi ham qutlugʻ nazaringizdan pinhon qoladi. Bizlar ham shundayin bir ulugʻ kashfiyotga dahldor...

Xayyom shogirdining gapini keskin boʻldi-da, goʻzal qiroat ila bir oyat oʻqidi:

-«Albatta Ollohning nazdida oylarning sanogʻi-Olloh osmonlarni va yerni yaratgan kunida belgilab qoʻyganidek, oʻn ikki oydir, ulardan toʻrttasi (urush) harom qilingan oylardir. Ana shu toʻgʻri dindir (ya’ni haq hukmdir). Bas, u oylarda (urush qilib) oʻzlaringizga zulm qilmangizlar!» (Qur’on, «Tavba» surasi, 36-oyat, Alovuddin Mansur tarjimasi.) -U Abul Muzaffarga muloyim ta’nali nazar ila biroz qarab turgach, yosh shogirdi xijolat tortib, koʻzlarini olib qochdi. -Yo, ahli ilm, unutmangiz! Biz Olloh taoloning buyuk ilmi tufayli yaratib qoʻyilgan narsalarni aqli ojizimiz yetganicha oʻrganib, oʻz foydamiz uchun kashf etamiz xolos!..

Bu narsalarni hamma toʻgʻri tushunmasdi. Hatto koinotni, yulduzlarni oʻrganish kufrdir deguvchi gʻofillar ham toʻlib yotibdi. Ular, ayniqsa, saroyga, devonga yovuq ersalar juda xavfli-sultonni, vaziri a’zamni chalgʻitishib, ularni ilm kishilariga gʻayri qilib qoʻyishlari mumkin. Bu esa koʻp yaxshi ishlarga putur yetkazadi. Xayyom mana shundan qoʻrqardi, xavf tuyardi.

U esini tanibdiki, Olloh va odam haqida fikr etadi. Bolaligida Yaratganning taqdiri azali borasida oʻylarkan, nahotki uni oʻzgartirib boʻlmasa, deya ishtibohga borar va goho oʻz xayolidan qoʻrqib ketib, darrov istigʻfor aytardi. Biroq haligi oʻy yana qayta kelaverardi. Balki shaytoni la’in huruji deganlari shudir? Nima boʻlganda ham bu taqdir deganlari oʻylashga, fikr etishga arzigulik narsa edi. Kimdir oltinu kumushga koʻmilib, toʻkin-sochin yashab oʻtadi, boshqa birov esa bir burda nonga zor. Axir oʻsha shoʻrlik, «meni ham boy qilib yaratsang, namoz oʻqib, yaxshi amallar ila yashab oʻtardim», deya arz etmogʻi ham mumkin va u bunga haqli ham emasmi?! Yoshligini eslarkan, Buxoro madrasasida saboq mahali roʻy bergan bir voqeot yodiga tushdi. Oʻshanda shoʻxroq saboqdoshlaridan biri mudarrisga shunday savol qilgandi:

-Uch ogʻa-ini bor ekan. Ularning biri taqvo ila umr kechirib, olamdan oʻtibdi. Biri gunohkor, osiy boʻlib, boshqasi esa goʻdakligidayoq qogʻozga yuz tutibdi. Aytingchi, ustoz, ular oxiratda ne ajrga sazovor boʻlurlar?

Mudarris gapini birov ikki qila olmasligini bilgan kishi ohangida javob berdi:

-Bu kun kabi ravshandur. Parhezkor taqvodor boʻlgani behishtga, gunohkori esa jahannamga yuz tutgaylar. Goʻdak esa nomai a’molida hech narsa yoʻqligi bois na u yoqqa, na buyoqqa ham tushmas, arosat ma’vosida makon topgʻay.

Tolib darhol ikkinchi soʻrogʻini yoʻlladi:

-Unda goʻdaklikdayoq qazogʻa yuz tutgan banda Olloh taologa arz etsachi?

-Ne deb?-deya soʻradi shoshib, shogirdining koʻzlari gʻalati chaqnashidan hayratlangan mudarris.

-Menga ham umr ato etib, savob amallar qilib, behishtga tushmogʻimga nechun imkon bermading axir, desa, Xoliqi mutlaq ne deb javob aylagay?

Mudarris ta’nali jilmaydi.

-Barchaga ayonki, Olloh taboraka taolo mehribon va rahimli zot. U bandalariga faqat va faqat yaxshilikni istaydi. Shunday ekan, u haligi bandaga, «Sen ulgʻayganingda sergunoh va zolim boʻlib, oʻzingni jahannam oloviga giriftor etarding, shuning uchun ham joningni ertaroq olib, azoblardan xalos etdim», deya javob qiladi.

Tolib xuddi jazavaga tushganday alpozda taqi savol etdi:

-U holda duzahiy boʻlgan ogʻasi, «Ey Olloh, nega mening jonimni ham goʻdakligimdayoq olib qoʻya qolmay, gunohkor va zolim boʻlishimga yoʻl qoʻyding, nega?»-deya hayqirsachi?! Unda Yaratganning javobi ne boʻlur?

Mudarris shoshib qoldi va xiyol sukutdan soʻng zardali bir ohangda gʻudrandi:

-Astagʻfurilloh! Soʻzlaringdan la’inning bad boʻyi ufuradur!..

Oʻshanda Abul Fath Umarning saboqdoshi oʻz gʻalabasidan oshkora tarzda huzurlangandi, odobsizlarcha muzaffariyat tantanasini namoyish etgandi. Uning fikrlarida oʻshal zamon Buxoroda dinga isloh kiritmoqchi boʻlib, turfa va’zlar aytayotgan va koʻplab hukmdorlarning quvgʻiniga uchrayotgan mutazalliylarning ta’siri sezilardi. Ularning koʻpchiligi dunyoviy va uhroviy ilmlarni egallagan fozil odamlar edilar. Ular Ollohning borligi va birligini tan olgan holda, taqdirni, oxirat hamda unda hisob-kitob boʻlmogʻini inkor etardilar. Xayyomning gʻoyibona ustozi Ibn Sino ham ana shunday qarashlarning sohibi edi. Mutazalliylar hamma narsada va hatto ibodatda ham erkinlik tarafdori edilar. Ular oliy bir hurlikni yoqlar va tarannum etardilar.

Xayyom ham avvaliga boyagi saboqdoshining fikrlariga qoʻshilgandi va uning aqliga, mantiqiy mushohadalariga qoyil qolgandi. Ammo keyin uning soʻzlarida xato, kibru havo borligini payqadi. Shunga qaramay, shuurining qaysidir puchmogʻida, qalbining tub-tubida oʻsha fikrlarga xayrixoh bir mayl mudom yashaydi. Bu uning oʻzi ham sezmagan holda she’rlarida aks etadi. Ehtimol bu undagi oʻzidan qoniqmaslik tuygʻusi tafaylidir, balki barcha narsani anglamoqqa, dunyoni mukammal koʻrmoqqa uringanligidandir. Har holda mudom oʻsha osiyona mushohadalar zamiridan kelib chiquvchi oʻylar girdobida yashaydi. Mudom Ollohni, dunyoni, oʻz qalbini, ularning oʻzaro uzviyligini va bir-birlariga nisbatlarini anglashga intiladi. Goho oʻzicha ba’zi fikrlarga ham kelib, xulosalar yasaydi. Shu xulosalari asnosida ustoz Uqlidusning beshinchi qoidasiga monand oʻzgarmas, isbot talab etmaydigan qoidalar, ba’zan falsafiy nizomlar ham yaratadi. Masalan, uning eng soʻnggi kashfiyotlaridan biri quyidagicha: «Olloh dunyoning ibtidosida va intihosida mavjud, oraliqda mavjud emas, ya’ni oraliqdagi hayotga aralashmaydi»...

U ikki yondosh chiziqlar haqida bosh qotirarkan, taqi bir oqilona fikrga ham kelgandi. Soʻzlayotgan odam,-derdi Xayyom ikki chiziq aro barmogʻini qoʻyib,- hamisha bir yoqlamalikka mahkum. U hech qachon ikki tomonda ham boʻla olmaydi. Demak, sukut saqlamoqlik Haqqa yovuqroqdir, ya’ni oraliqdir.

Xayyom hamon oʻychan, xomani barmoqlarida aylantirib oʻltirarkan, keskin bir sa’y ila oq qogʻozni oldiga surib, ikkita yondosh chiziqlarni chizdi. Taqi Uqlidusning fikrlarini esladi. U shu kungacha Uqlidusning koʻplab asarlarini oʻrganib, uning besh qoidasi haqida risola ham yozib ulgurgandi. Shuningdek, bu olimning ba’zi fikrlarini, ilmiy kashfiyotlarini inkor etuvchi xulosalarga ham kelgandi. Bu borada unga ustozi kubro Arastuning ilmiy qarashlari ham qoʻl kelgandi. Misol uchun uning fikrlarini qunt bilan oʻrgangan Xayyom oʻz xulosasiga ham kelib, yangi bir fikrni ilgari surmoqda edi: «Ikki toʻqnashuvchi toʻgʻri had (chiziq)lar kesishadi va ikki toʻqnashuvchi toʻgʻri hadlar toʻqnashish yoʻnalishida bir-birlaridan ajralmogʻi mumkin emas». Bu uning soʻnggi kashfiyoti edi. U endi ikki hadni kesishgan holatda chizdi-da, uning yoniga toʻrt satr she’r yozib qoʻydi.

Bizni aylantirgan bu charxi falak,
Uni fonus deya xayol qil andak;
Quyosh chirogʻi-yu olam fonusi,
Ikki oʻrtada biz hayronu halak.

Ertasi kuni ahli rasadxona taqvim borasidagi ishlarni yakunlab, jamladilar va Xayyom uni, ya’nikim «Solnomai Malikiy»ni huzuri muborakka eltib, sulton Malikshoh ibn Alp Arslon hazratlariga taqdim etdi.

Avvalgi
I- qism
 



  1. Ruboiylar Shoislom Shomuhammedov tarjimasida berildi.