OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiUmar Xayyom - Oralik (roman, II- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Tarixiy belletristika
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm332KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/7
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Umar Xayyom - Oralik (roman, II- qism)
Nabi Jaloliddin

Ikkinchi Qism

Birinchi bob

1

Sultonning ajab bir odati bor edi- koʻngilxushlikka chogʻlansa ham harb mashvarati yangligʻ majlis tuzardi. Bu kabi yigʻinlar, ayniqsa, hukmdorning xos kishilari, nadimlariga alohida taalluqli edi. Saroy sari chorlangan a’yonlar biron jiddiy kengash boʻlmogʻiga xezlanib, har ne soʻroqqa javob va yechim topmoqqa hozir kelardilar. Ular huzuri muborakka kirib, sulton Malikshohning qoshida Ja’farakni koʻrdilaru olampanoh dilxushlikni ixtiyor etganligini angladilar va koʻpchiliklarining lablarida nim tabassum zohir boʻldi. Ahli xos oʻz mavqelariga binoan sultonning ikki yoniga tizildilar. Uning oʻng yonida har doimgidek vaziri a’zam Nizom ul Mulk, amirul fuzalo Umar Xayyom va boshqalar, soʻl yonida esa muhtasib Badriy, Muhammad Takash, Qazviniy va amirlar amiri Arslon Tosh boshliq amirlar turardilar. Quyiroqda boʻlsa mashshoqlar, hofizu qasidagoʻylar jam edilar. Sulton muloyim jilmayish ila a’yonlar ta’zimiga mayl bildirdi va bu bilan barchaga e’tiborli ekanligini anglatdi. Filhaqiqat, ayni damda sultonning yuz-koʻzidan nur yogʻilar, labidan uchayotgan har bir soʻzda mutoyibaga moyillik sezilardi. Uning libosi-boshidagi tojdan farqli oʻlaroq dur qadalgan salla, yupqa och yashil qabo, uchi qayrilma etigi ham kayfiyatiga bisyor monand edi. U jamoatga imkon qadar xush soʻzlamoqqa urinardi.

Sultonning bu kungi maylini allaqachon payqagan uning qiziqchisi Ja’farak chuchukka, ayniqsa, Xudo berdi. Pakanagina jikkak bu odam juda soʻzamol ediki, gap kelganda, oʻzgalar tugul sultonning oʻzini ham ayab oʻtirmasdi va hech kim unga e’tiroz bildirmoqqa jazm etolmasdi. Albatta olampanohdan hayiqardilar, balki Ja’farak chuchukning qismati sultonning ilkida ekanligini yaxshi anglardilar. Bu achchiq zabon qiziqchi ham oʻz maqomini tuzuk bilarmidi yoxud aslan shundayin mardona jur’at sohibimidi, atrofdagilarga igna sanchishini qoʻymasdi. Uning «saydlari» asosan ulamoyu amaldorlar boʻlardilar. U hech birovni ayab oʻtirmasdi. Chamasi, uni onasi shunaqa sertikon bir mahluq etib dunyoga keltirgan koʻrinadi. Ehe-e, unga tish qayraganlar qancha. Ayniqsa, uning soʻz paykoniga vaziri a’zam koʻp bor roʻbaroʻ kelardi. Biroq vazir unga achchiq qilishga bir jihati sultondan hayiqar, qolaversa, oʻz ojizligini atrofdagilarga namoyish etmoqni ham istamasdi. Chuchuk nishonga urganda zohiran yengil kulib qoʻya qolar, ammo ichini nimadir birvarakay shilib yuborgandek tuyulardi. Shuning uchun Nizom ul Mulk Ja’farak gap boshlaganida zirillab turardi. Sulton nazdida esa qiziqchisining vaziri a’zamga aytayotgan gaplari shunchaki mutoyiba edi xolos, unga parvo qilmoqlik tuzuk boʻlmasdi. Ustiga ustak dunyoni zir titratgan sulton Malikshoh ham oddiy inson edi. U ham oddiy bandalar kabi goho tushkunlikka tushardi, xayolga berilardi yoki arzimagan narsa uchun kimnidir yomon koʻrib, uning magʻlubligi, kamchiligini payqaganda huzurlangandek tuyulardi. Nizom ul Mulkning mashhurligi, el aro boobroʻligi va hatto oʻzini bosh vazir soyasida qolib ketayotgandek his qilishi ba’zan sultonni iztirobga solar, bu ojizona gʻayirligini Ja’farakning vaziri a’zamga nisbatan masxaralarini taqiq etmaganligida goho sezdirib ham qoʻyardi. Qisqasi, Ja’farak chuchuk sultonning vaziri a’zamdan pinhona qasos olmogʻi uchun oʻzigagina ayon vositasi edi.

Ja’farak chuchuk keng chalvor va yalangʻoch tanasiga qizil nimcha kiyib olgan. Boshi taqir qirilgan va koʻzlari dumaloq, katta-katta boʻlgani bois ham kulgili, ham biroz qoʻrqinchli koʻrinardi. U sultonning yonidan sakrab turdi-da, «Shulton shakboz!» (ya’ni «sakboz»-itboz demoqchi) deya hayqirdi chuchuk til ila. Barcha sultonga birrov qaradi-yu uning jilmayib turganini koʻrib, baravariga qahqaha urdilar. (Aslida Ja’farak anoyi emasdi- u oʻzining chuchuk tilliligini roʻkach qilib, sultonni «shakboz», ya’ni shak keltiruvchi ham demoqchi boʻlardi.)

-Men-da uning koʻppagiman.-dedi Ja’farak, endi «toʻrt oyoqlab» tilini osiltirgancha xakillarkan.

Taqi barcha xandon otdi.

-Vale uning oʻjga (oʻzga) shadoqatliyoq shaki boy-qanjiq...

A’yonlar gap kim tomonga ogʻayotganligini anglayolmay, jim qoldilar.

Qiziqchi endi ketini oʻynatib, qiyqirgancha sakray boshladi:

-Qanjiq!.. Qanjiq!.. Qanjiq!.. -Soʻng dumaloq koʻzlarini ola-kula qilib biroz jim turgach, birovga sir aytayotganday kaftini ogʻziga olib borib, dedi,- U oʻlguday toʻp (koʻp) tugʻadi- oʻn ittita shakbachchalayiyam boy. Vav, vav, vav... -U har tarafga irgʻishlamoqqa tushdi.

Jamoat gap vaziri a’zam haqida ketayotganligini fahmladi, biroq barchalari sultonga ergashib qattiq-qattiq kulaverdilar. Ba’zilari esa sohib devonga zimdan nazar tashlab qoʻyardilar.

Nizom ul Mulk zil ketgan, yuziga qon urib, bazoʻr nafas olardi. U alamdan titrayotgan boʻlsa-da, sezdirmaslikka urinar va hammasidan ham Ja’farak oʻz payrovini qanday yakunlarkin, deya bezillab turardi. Bu chuchuk deganlari aksar hollarda soʻzini qaqshatqich tarzda poyoniga yetkazardi. Vaziri a’zam ana shundan qoʻrqmoqda edi. Qoʻrqqanicha bor ekan...

-Bachalayi-ku oʻn ittita etan, letin qanjiq shakning oʻn ittita emchagi boymikin, a? -Ja’farak qorniga urib, taqi irgʻishlayverdi.

Vaziri a’zam adoyi tamom boʻldi. Sulton boshliq a’yonlarning hammalari qah-qah otib kularkanlar, Nizom ul Mulk goʻyo kulayotgandek yuzini tirishtirgani bilan ich-ichidan bir ingroq kelib, hiq-hiq qilardi xolos. Alamdan koʻzlari yoshlanib ketgandi.

Jamoat uzoq kuldi, bu to sulton kulgidan toʻxtab, ilkini koʻtarib, jim boʻlishga ishorat etguncha davom qildi.

-Ma’lumingiz boʻlgʻaykim, biz asad oyining adogʻi yoxud sunbulaning ibtidosida shikorgʻa (ovga) chiqmoqlikni ixtiyor qilduk. Shul boisdan amirul saydgarga (ovchilar amiri) va jamiki saydgarlarga bu shohona shikorgʻa hozirlik koʻrmoqni amr eturmiz.

Bu xabarni eshitgan ahli a’yon baravariga mamnunlik kayfiyatini namoyish etdilar.

-Amirul fuzalo, xos nadimimiz Umar Xayyom janoblari shikorda bizga hamroh boʻlgʻaylar. -Sulton nim tabassum ila shoirga boqarkan, bilinar-bilinmas bosh silkidi.

Xayyom avvaliga sultonning niyatini tushunmaganday bir lahza hayron turdi-da, soʻng shoshib ta’zim qildi.

Bu oliy ehtiromdan qarshi tarafda turgan Qazviniyning koʻzlari olayib, kosasidan chiqib ketayozdi...

Ixtiyori oliy barchaga ayon etilgach, taqi koʻngilxushlik avj oldi...

2

Oʻshanda Xayyom huzuri muborakdan chiqqach, vaziri a’zam bilan uchrashmoq niyatidan qaytdi, chunki ayni damda unga roʻbaroʻ kelmoq uni masxara etmoq ila barobar edi. Sohibi devon hozir tanho qolmogʻi lozim edi. Vujudidagi alam otashini bosib, tin olmogʻi joizligi shoir uchun ma’qul koʻrinardi.

Aslida Xayyom sultonning amridan shodlanmadi. Shikorga ketsa, rasadxonadagi ishlar toʻxtab qolishi va ayniqsa, xoma-yu davotidan yiroq tushmogʻi uni xomush etdi. Biroq tojdorning hukmi vojib edi.

U ertasiga korfarmoni chaqirib, Shokir Talxni olib kelishni buyurdi. Shokir Talx deganlari Xayyomga avvaldan eshligi boʻlgan etikdoʻz edi. U bilan Isfahonga yangi kelgan kezlari mana shu korfarmo bois tanishgan edi. Shoir poshnali poyabzal kiyolmasdi, kiysa-da, oyogʻi toliqar va hatto moʻlroq yurib qoʻysa, ogʻrishga tushardi. Shul vajhdan hamisha poshnasiz yassi tagcharmli oyoq kiyimi kiyishga urinardi. Bu uning nazdida, juda qulay tuyular, uni kiysa, qadamini yengil olardi. Oʻshanda korfarmo Shokir etikdoʻzning boshkentdagi eng oldi ahli hunarlardan biri ekanligini aytgach, Xayyom uni darhol huzuriga chorladi. Chorlashdan oldin etikdoʻzning ismiga nega endi Talx laqabi qoʻshib aytilishini soʻrab ham oldi. Chunki Shokir kabi goʻzal ism ortidan bundayin sifat berguvchi gʻaliz soʻzning ishlatilishi uni chindan hayron qoldirgandi va shuning uchun bu laqabning tarixiga qiziqishi ixtiyorsiz ravishda ortdi.

-Shokir etikdoʻz judayam toʻgʻrisoʻz.-dedi korfarmo shoirning soʻrogʻiga javob berib,- Gapini xaspoʻshlab oʻtirmay, shartta aytadi-qoʻyadi. Soʻzini bisyor namakoblab soʻzlar va shul bois Talx derlar uni.

Keyin Shokir Talx ila bir necha bor gaplashgach, angladiki, u chindan ham talx zabonli ekan. Oʻzi asli toza koʻngilli etikdoʻz har qanday fikrini dagʻalroq yoʻsinda ifoda etmoqqa odatlangandi. Bu faqatgina toʻgʻrisoʻzlikdan deyilsa, xato boʻlardi, aniqrogʻi, bu uning ilmu urfon borasida gʻofil va tarbiyasi notoʻkis ekanligidan ham dalolat edi. Talx tamsili uning suratu siyratiga rostdan ham mos tushgandi.

Xayyom Shokir Talxning kelishidan zavqlandi. Yoʻgʻon-yoʻgʻon barmoqlariga monand dumaloq qop-qora yuzi, ogʻoch butogʻi kabi katta burni shoirning zavqini qoʻzgʻab, tabassumga hamroh etdi.

-Hazratim chorlagan ekanlar.-dedi Shokir Talx salom-alikdan soʻng oʻz odaticha shoshib.

-Avvalo murodimiz sizni koʻrmoq edi... -deya gap boshladi shoir soʻzlarni xijjalab, kulimsiragancha. -Oz fursat boʻlsa-da suhbatingizni...

Talx dagʻal ovozda bidilladi:

-Oyogʻimga poyabzal darkor boʻlib qoldi, deya qoling, taqsir!

Xayyom etikdoʻzning erkaligini koʻtarardi va bundan oʻzi huzurlanardi.

-Buncha oshiqursiz, ogʻoyi Shokir! -dedi kulib u, - Siz tikkan etiklar ham huddi suhbatingiz kabi biz uchun qimmatlidur, biroq ul bir bahona xolos. Aslida suhbatingizga mushtoqmiz, Talx.

-Hazratim mubolagʻa etdilar. Illo bizning suhbat nima-yu tegirmon toshining tovushi nima. Shundogʻ boʻlgach, bahuzur xizmatni aytaversinlar, janob.

Xayyom yurak-yurakdan qah-qah otib kuldi:

-Soʻzlang, Talx, soʻzlang. Talx otingiz araz etib, qochib qolmasin tagʻin!..

Kulishdilar.

Shoir muddaoga koʻchib, sulton hazratlari ila shikorga hozirlanayotganligini va dashtu sahroda uzoq-uzoq yurmoq uchun mos kelguvchi etik buyurmoqchi ekanligini aytdi.

-Koʻp yurganda oyogʻim toliqmasa bas. Pishiqroq charmdan boʻlsa... Bu yumush borasida sizdan oʻtadurgʻoni yoʻqtur.

Shokir Talx taqi bir bora shoir oyogʻining qolipu oʻlchamlarini olib, ketmoqqa shaylandi.

-Poshna borasida unutmasinlar, Talx.-deya eslatdi shoir uning ortidan.

-Poshnangiz mening boʻynimda-ku, hazratim, qandoq unutay. - dedi etikdoʻz soʻziga qoʻsh ma’no yuklab.

Xayyom kula-kula qoldi.

Oʻsha kunlari vaziri a’zam Nizom ul Mulk ila uchrashmoq, valine’matining ahvol-ruhiyasidan boxabar boʻlib, hol soʻrmoq shoirning birlamchi muddaosi edi. Har tugul oʻshanda sohib devonning koʻngliga ozor yetdi, bu dard ustiga chipqon boʻlib, gʻanimlar tantana qildilar, oshkora muzaffarlik nashidasini surdilar. Xayyom ayni mana shu ozorlarni vaziri a’zamning qalbidan quvmoq istardi. Biroq hadeganda u bilan uchrashmoq nasib etavermadi.

Xayyom otlarga ishqiboz edi va shikor tufayli taqi otlarga oshno boʻlmogʻidan quvonardi. U sultonning otxonasiga va turfa jonzotlar boqilguvchi tomoshaxonasiga kirmoq uchun ijozati oliyga musharraf boʻlgan edi. U ham boʻlsa, sulton Malikshoh shahriyori a’zamning saxovatlari tufayli nasib etgandi. Shuning uchun shikorga hozirlik bahona sultonning otxona va tomoshaxonasi sari oshiqdi. Xayyom tuzukkina sinchi (otning ahvoli, sogʻligini oʻrganuvchi odam) edi hamda u yerdagi sinchi-yu sayis (otboqar)larni juda yaxshi tanirdi, ular ham gʻalat fe’lli shoirga koʻnikib ketgandilar, shuningdek, uning otparastligini ham juda yaxshi bilardilar va hurmatlar edilar.

Sulton Malikshoh turfa jonzotlarni xush koʻrardi. Toʻgʻri, shikorga chiqqanda hech bir mahluqni ayab oʻtirmay, birvarakay tigʻlayverardi, lekin tirik jonivorlarning tomoshasidan ham oʻzini tiyolmas, aksincha, goho ularning harakatlarini kuzatib, zavqlanar, huzurlanar edi. Uning xos hayvonotxona bunyod etganligi va u yerga tez-tez kirib turmogʻi ham ana oʻsha fe’lidan edi. Hayvonotxona-tomoshaxonada jonzotlarning jamiki turlari mavjud edi: boʻri, palang, sher, qoplon, tulki, ohu, jayron va hakozolar, qushlaru parrandalardan lochin, kabutar, qumri, toʻti, sa’va, tovusu durroj (tustovuq)lar saqlanardi. Sulton saydgar lochin va saklar tayyorlamoqqa alohida e’tibor berib, sa’y etardi. U otlarning fahmu farosatidan qanchalik zavqlanib, shiddatidan nechogʻlik kuch olsa, lochinlarning jasur surati-yu mardona fe’llaridan shunchalar vujudiga quvvatu shijoat toʻlib borardi. U oʻzini lochinga oʻxshatardi va lochinday tutmoqqa intilardi. Har bir lochinga ayrucha e’tibor berar, goʻyo oʻz bolasini erkalayotgandek mehr ila siylardi. Lochin parvozini koʻrganda uning koʻzlari chaqnab, olov sochayotgan monand koʻrinar, yelkalari shishib, boʻyin tomirlari boʻrtib ketardi. Bu mahal misoli ikki hukmdor-qushlar shohi ila bashar sultoni bahs boylashib, bir-birlaridan zavqlanayotgandek tuyulardi.

Xayyom ot zotlari turlari kabi lochinlar haqida ham koʻp narsa bilar va bu jonzotlarning qadim tarixlaridan tuzukkina boxabar edi. Aslida sultonning shoirni oʻziga nadim etib tayinlamogʻiga ushbu jihatlar ham qisman bois boʻlgan edi. Oʻshanda sulton sayisxonada Xayyom ila otlarni tomosha qilib, xordiq olmoqda edi. U tinmay oʻz otlarini ta’rifu tavsif etardi, qaysi ot qayerdan keltirilganligi haqida soʻzlardi. Sulton boshqa bir joyda yoxud davrada bunchalar ochilmasligi, soʻzamol boʻlmasligi aniq edi. Uni bu xush kayfiyatga solgan narsa otlarga boʻlgan mislu qiyossiz mehri edi. Shunda shoir suhbat asnosida maqbul bir fursatni topib, hukmdorning ijozati ila unga gʻaznalik Sabuq Teginning oʻgʻli sulton Mahmud va uning Ayoz otligʻ gʻulomi tarixini soʻzlab berdi:

-Kunlardan bir kuni qoʻshni mamlakat hukmdori Mahmud Gʻaznaviyga elchi yoʻllab, unga koʻp bebaho tortiqlar ila bir ot ham joʻnatadi. Elchini sulton Mahmud saroyida izzat-ikrom ila kutib oladilar, dabdabali qabul marosimi uyushtiradilar. Marosimdan soʻng sulton tuhfa qilingan otni koʻrmoq uchun boradi. Ot barchaga ma’qul keladi, lekin sulton saroy otboqarlaridan «Otni koʻrmagan hech kimsa qoldimi?»-deya soʻraydi. Sayislar boshligʻi «Sultonim, otboqarlarning hammalari, hatto muhojir ot bilgichlar ham koʻrishdi va bu otga qoyil qolishdi», deydi. Shunda bir chetda turgan otboqarlardan biri «Ayoz koʻrgani yoʻq», deganida, sulton «U ham kelib koʻrsin», deya amr etadi. Sayislar boshligʻi esa «Olampanoh, Ayoz yaqinda kelgan qulingiz, u hech narsani bilmaydi, otlarning tagini tozalab yuradi xolos», deb oraga soʻz qoʻshadi. Sulton boʻlsa, gʻazab ila oʻz amrini qaytaradi.

Ayozni chaqirib keladilar. U sultonga ta’zim qilgach, bir chetda qoʻl qovushtirib turadi. Sulton esa unga buyuradi:

-Ushbu otni yaxshilab koʻr va qanday ot ekanligini bizga ayt.

Ayoz oʻylab turib, deydi:

-Olampanoh, kamina gʻulomingiz, oddiy otboqardurmen. Sinchilik qilmoqqa ojizdurmen. Agar hazrati oliylari istasalar, amrlari vojibki, bilmoqqa sa’y etgum. Ammo undan avval otning daryoga tushib chiqishini koʻrsam-da, soʻng bir fikr aytsam.

Sulton Ayozning talabiga rozi boʻlib, otni daryoga olib borishlarini buyuradi. Ayozning bu talabi otboqarlar boshligʻi va boshqa ba’zi kimsalarga ham yoqmagani aniq edi. Biroq «Sultonning amri vojib», deb otni daryoga olib bordilar va suvga tushirdilar. Suv otning beligacha koʻmgach, u biroz suv ichdi. Shundan soʻng Ayoz otni daryodan olib chiqdi, shu bilan birga uning har bir harakatini kuzatib turdi. Ot sohilga chiqqach, «endi boʻldi, ketdik», deb saroy sari yoʻl oldi. Barcha hayratda -«bu qul nimani bildiykin», deya ajablanardilar. Bosh sayis Ayozning oldiga kelib, sekin «Nimani bilding, Ayoz?»-deb soʻragandi, Ayoz «bilganimni soʻragan odamga aytamen», dedi. U sultonga roʻbaroʻ boʻlib, ta’zim qilgach, dedi:

-Olampanoh, sizga in’om etilgan ot zotli koʻrinadur, qadam tashlashlari, yurishi, suvga botirlik ila tushishi, chiqishi hayratomuz, shohlarga arzigulik ot. Lekin fikri ojizimcha, bu ot yoshligida sigir suti ila boqilgan chiqar, chunki harakatlari otlarga xos boʻlsa ham ba’zi qiliqlarida qoramollarda boʻladigan alomatlar sezildiki, bu hol meni oʻylantirib qoʻydi. Balki men xato qilayotgandirmen, unda bir qoshiq qonimdan kechmogʻingizni oʻtinamen.

Sulton otboqarlar boshligʻidan «Sen nima deysan?»-deb soʻradi. U esa hech narsa deyolmasligini bildirib, boshini egdi.

Soʻng sulton elchi ila yoʻliqishdi. Suhbat asnosida gapni ot mavzusiga burdi. Elchi ot haqida batafsil soʻzlab berdi:

-Bu ot podshoh yilqisidagi eng zotli biyaning bolasi boʻlib, uning yoshligida tasodif tufayli biya halok boʻlgan, toycha esa zotli sigir suti ila boqilgan.-deya gapini tugatdi elchi.

Sulton ot sigir suti ila boqilganiga qanoat hosil qilgach, Ayozni huzuriga chorladi:

-Bu sirni qanday anglading?-deya soʻradi undan.

Ayoz ta’zim-tavoze ila dedi:

-Ey, ulugʻ sulton, har hodisaga diqqatu ishtiyoq ila qarash va uni kuzatish, koʻrgan-bilganlarini tafakkur qilmoqdan inson bilimi, tajribasi ortadi. «Hayotda sodir boʻladigan yaxshi-yu yomon har hodisani kuzatib borishga oʻrgan va shunga odatlan», der edi padari buzrukvorim. Men yoshligimdan keksalarni hurmat qilar, keksa bilim sohiblarining soʻzlariga quloq solar va aytganlarini uqib olar edim. Keksalardan eshitganlarim va oʻzimning yoshlikdan kuzatganlarimdan fahmladimki, qoramollar suvdan chiqqanlarida orqa oyoqlarini galma-gal ortiga silkitadilar. Bu ila orqa oyoqlarida oʻsgan yunglardagi suvlarni tushiradilar. Lekin otlarda bunday hol uchramaydi. Keltirilgan tulpor daryoga hayiqmay, seskanmay tushdi. Ammo suvdan chiqib, orqa oyoqlarini silkitdi. Men hayron boʻldim. Oʻylay-oʻylay bu ot yoshligida sigir emgan boʻlsa kerak, degan xulosaga keldim. Ehtimol men adashayotgandirmen. Unda sultonimdan meni afu etishlarini soʻraymen.

Sulton Mahmud Ayozning javoblaridan mamnun boʻlibdi va oʻsha zahoti miroxur (otboqarlar amiri) etib tayinlabdi.

Bundan ayon boʻladiki,-deya gapini tugatdi Xayyom-ot tarbiyasida, uning zotini toza saqlamoqda har bir narsa e’tiborga olinmogʻi lozim ekan.

Filhaqiqat, otlarni bilmoq borasida sulton ila shoir bir-birlaridan qolishmasdilar. Balki shul bois ham suhbat qizigandan qizirdi. Xayyom oʻzining Ayoz haqidagi rivoyatini tugatgach, undan ilhom olgan sulton ham taqi otlar ta’rifiga tushib ketdi. Chindan ham goʻdakligidayoq ot minib, shamshir tutgan, ya’niki harb ilmini puxta egallagan bu turkiy hukmdor barcha qavmdoshlari kabi otlar xususida koʻp narsa bilardi. Qadim turkiy shoh Afrosiyob aytgan ekan: «Erga ot andogʻkim, koʻkka oy». Agar ot boʻlmasa, harbiylarga jasur odamlar degan nom noloyiq boʻlur edi. Koʻp sarkardalar otga minmoqni falak boʻyniga minmoqdan afzalroq bilganlar. Zero uni «Qutlugʻ qadam» deb bejiz aytmaganlar. Ha, bu gapni turklar aytgan, sulton ham bu ta’rifga ishonadi. Sulton Malikshoh, shuningdek, rasulilloh sallallohu alayhi vasallamning ot haqida aytgan hadisini ham yaxshi bilardi. «Xayr yilqining peshonasiga yozilgan», deydi Paygʻambar alayhissalom . Ayniqsa, arab otlari bemisldir...

-Mana bu forslar alus deb ataydurgʻon ot.-deya gapida davom etgandi sulton oʻshanda. -Aytadilarki, u goʻyo osmonda uchadi, juda ziyrak va boshqa otlarning dupurini uzoqlardan eshitadi. U juda qanoatli, ammo sovuqqa chidamsiz. Bunday ot egasi boʻlmoq baxt, biroq bu jonivor anchayin nozikdur. Men bunda xoʻp chopganmen, shoiri zamon.

Xayyom nim tabassum ila sultonning gapini davom ettirib ketdi:

-Ustod Aristotilusning yozishicha, otlarning turi juda moʻl. Ul zotning e’tiroficha, qushlar rangidagi, xususan, oq ot yaxshi va e’tiborga loyiq. Uning sohibi jangda doimo zafar qozonadi. Bunday otni podshohlar minsa yarashadi.

Shoirning gapi sultonga juda yoqib tushdi. Chunki u oq otni xushlar va bir necha xil zotli oq otlari bor ediki, har jabhada ularni minar hamda bundan faxru iftixor etib, huzurlanardi.

Oʻshanda ularning bu yoqimli suhbati uzoq choʻzilgandi va oxirida sulton Xayyomga «otlar xususidagi bu bilimlaringiz ila «Tulpornoma» otligʻ risola bitsangiz boʻlur erkan», deya lutf etib, siylagandi. Mana, endi sayisxonada shikori xosga hozirlik koʻrib turibdi. Bu shikordan albatta, yaxshi, toza va xush havodan simirib, sihatini barqaror etib qaytadi. Faqat xoma-yu davotdan ayru tushmoq...

Shikorga, tagʻinki, shohona shikorga hozirlik uzoq davom etardi. Avvalo uchqur otlarning tuyoqlari yangitdan taqalanib, yuvib, moylanar, yollari xafsala ila taroqlanib, xinolar surtilardi. Bu nimarsa ot uzra oʻltirgan chavandozni shijoatlantirar, zotli argʻumoqning mayin, xino tusli yollari uchishi unga jur’at va ulugʻvorlik baxsh etardi. Shuning kabi bu amallar shikori xosning ziynati, uning suratiga berilguvchi orolari edi.

Bir yonda usta saydgarlar ov qurol-aslahalarini sozlaydilar, hozirlaydilar. Nayza va paykonlarning sinonlarini (tigʻlarini) charxlab, sadoqlarga joylaydilar. Boshqa gʻulomlar arobalarga oziq-ovqat, idish-ayoqlaru chodirlarni, koʻrpa-toʻshaklarni ortadilar. Koʻplab meshlardagi suvlarni asosan tuyalarning va ba’zi otlarning ustiga yuklashar, qolgan kerakli buyumlarni ham shu tariqa saranjomlashardi. Ikki nortuyaga amoriy (kajava, tuya ustida oʻltirishga moʻljallangan maxsus oʻrindiq) ham oʻrnatilgan boʻlib, bu sulton hazratlari uchun edi. Mabodo safar chogʻi ot ustida toliqsalar, amoriyda hordiq olishlari mumkin edi.

Shikori xosga shundayin alohida tadorik joiz edi. Saroy hovlisi, tashqisi bir necha kunlab shovqin ogʻushida boʻlardi. Ayniqsa, ovchi saklar zanjirlarga bogʻlab olib chiqilganda, ularning basma-bas xurishlari olamni tutib ketardi. Zotdor, shikori xos uchun oʻrgatilgan bu katta-kichik, turfa rang itlarning ovozidan nainki odamning, olamning ham qulogʻi batangga kelardi. Yaxshiki, ularning «tilini» bilguvchi sakbozlar bor, aksi boʻlsa, bu magʻzi yoʻq maxluqlar ne koʻyga tushardilar, Ollohga ayon.

Bir necha saydgar lochinlar esa sultonning va ahli shikorning ham faxru iftixori edilar. Bu magʻrur, mardona qushlarda ulugʻlik, kiborlik ramzi mujassam edi. Ular ham goho yuraklarga vahm solguvchi sas ila hayqirib qoʻyardilar...

3

Sunbulaning boshida shikorga otlandilar.

Undan avval Xayyom vaziri a’zamning huzurida boʻlib, biroz suhbat qurdi, Ja’farakning payrovidan soʻng mudom shashtsiz boʻlgan valine’matining koʻnglini olishga urindi. Sidqidildan qilingan muomala, samimiyat kishi qalbiga, shuuriga ta’sir qilmasdan qolmaydi. U koʻngillarni koʻtaradi, odamning oʻziga boʻlgan ishonchini oshiradi. Vaziri a’zamda ham shunday boʻldi-oʻz jigarbandu arjumandiday boʻlib qolgan shoirning samimiy soʻzlari, xayrixoh chehrasi zimiston koʻnglini yoritib yubordi. U oʻsha onda yana bir karra amin boʻldiki, bu dahri dunning omonligi ezgulik, samimiyat va chin doʻstlikning mavjudligiga bogʻliq ekan. Har holda ilmu ma’rifat boqiy ekan, zero Xayyomni unga yovuq tutgan ham ilmu ma’rifat va ezgulikka eshlik edi.

-Yaxshi olimu shoirdan usta saydgar chiqmasligi aniq, -degandi oʻshanda Nizom ul Mulk shoir ila xayrlasha turib. -Biroq yaxshi shoirdan yaxshi hamroh chiqadi. Olampanoh ila muloqotda ul zotni ehtiyotlaganing kabi oʻzingni ham saqlagin. -Bu uning otalarcha nasihati edi. U hukmdorlar Quyosh yangligʻ boʻlishligini taqi bir karra eslatgandi...

Shikorning avvali boshkentga yaqin vodiyda, unga tutashib ketgan togʻlar ustida kechdi. Yollari oʻsiq, arabiy oq otda viqor va haybat ila chopgan sulton Malikshoh nihoyat suyukli tulporidan tushib, piyoda yurmoqqa boshladi. Vodiyning yelkasiga oyoq qoʻygan togʻ buyuk saljuqiy sultonga ham jalolatli (ulugʻvor) koʻrinar, uning yuksakligi qayerda intiho topmogʻini tasavvur etmoq mushkul edi. Bu yerda atrof javonib (tomonlar) togʻdan iborat edi. Togʻ yonbagʻridagi katta-kichik qora-qoʻngʻir tusli, goho oqish xarsang toshlarga suyanib turfa ogʻochlar oʻsgan. Bu ogʻochlar ba’zi joylarda gʻuj-gʻuj boʻlib oʻsganidan yaxlit yongʻoqzor, togʻolchazor va mevalari mayda-mayda yovvoyi olmazorlarga aylanib ketgan. Undan yuqorida esa zarangzorlar yastangan. Bu ogʻochzorlar ostida oʻsguvchi giyohlar ham turfa xil-bugʻdoyiq, qoʻziquloq, na’matak, yovvoyi olcha, qoraqand (zirk) kabi oʻtlarning bir necha xillari mavjud. Ayniqsa, bu yangligʻ giyohlar togʻ ustidagi yaylovlarda moʻl-koʻl. Bu kabi nabototning bisyorligi turfa jonzotlarning hayot kechirmogʻi uchun ham juda qulaydir. Unda tulki, boʻri, sirtlon, goho esa ayiq va yoʻlbarslar ham emin-erkin yashaydilar. Togʻning yuqorisida boʻlsa, jadiy (togʻ takasi), kiyik, togʻ qoʻyi, qor qoploni kabi jonzotlar koʻp. Togʻda yashovchi qushlarning turi behisob, ularni tanish, ajratish ancha mushkul.

Saydgarlarning bir qismi va sakbozlar itlarini olib, togʻning yuqorisiga chiqib ketdilar. Ular balandga chiqib, bir qancha muddat jim turishar, togʻ ustini sukunat qoplab, jamiki jonzotlar xotirjam boʻlgach, vahimali sas berguvchi burgʻularni chalishib, itlar ila shovqin-suron solishib, quyiga enardilar. Bu sa’ylari ila togʻdagi borki hayvonotni sayyodlar tomon haydardilar. Togʻning boshlanishida sulton boshliq har xil yarogʻlar tutgan saydgarlar turishar va ular qimirlagan narsaki bor jontalosh etardilar. Saydgarlar asosan sultonning koʻngilxushligi uchun xizmat qilishar, oʻljalar qismatini ham aksaran unga topshirishardi. Sultonning atrofida ancha-muncha darrandani (yirtqichni) ham yenga olishga qodir alp qomat saydgar-qoʻriqchilari hamisha shay turardilar. Shikor mahali sultonning joni azizini omonda saqlamoq ularning zimmasida edi.

Sulton Malikshoh oʻljani tanlab oʻtirmasdi. Jon tashvishida oʻzini har yonga urib, yashirinishga urinayotgan jonivorlarning barini birvarakay goh kamon, goh palaxmon va yoki nayza ila shikastlayverardi. Yonidagi bir necha yarogʻbardorlari xorisa xorirdiki, sulton aslo xorimasdi. Kishining etini seskantirguvchi bir qiyofaga kirib, turfa maxluqotni oʻldiraverardi. Ayni damda u qatlgoh uzra qilich yalangʻochlab, mahkumni kutayotgan jallodga oʻxshardi. U usta mergan edi, otgan oʻqlari nishonga bexato tegardi... Koʻp oʻtmay hammayoq hayvon jasadlariga toʻlib ketdi. Ularning hammasini ham yigʻishtirib olmasdilar. Ba’zi qimmatbaho moʻynali jonivorlarni toʻplab, terisini shilib olmasalar agar, aksariyati oʻsha joyning oʻzida qolib ketardi. Sulton uchun shikorda oʻldirish zavqi muhim edi.

Xayyom bu «qatlgoh»ga umuman yaqinlashmadi, ba’zan chodirda qolsa, gohida teskari tomondagi togʻ yonbagʻirlarida kezindi. Toʻyib-toʻyib togʻ havosini va unga chulgʻab may simirdi, maysazorlarga burkanib, osmonga termuldi, qadrdon ma’voni kuzatdi. Goho esa mastona she’r bitdi:

Ul azal Sayyodi qoʻyib dona, dom
Oʻz oviga qoʻydi odam deya nom.
Olamda ne yaxshi-yomonlik boʻlsa,
Oʻzi qilib, toʻnkar odamga mudom.

Oʻsha sarxush kechalarda koʻk baldogʻi Oyga termulib, oʻrtandi, ehtiroslari junbushga kelib, Oy yuzida Maryamning jamoli aks etib, shuurida taqi she’r aylandi:

Yo Olloh, ul goʻzal Oyni yaratib,
Sochi sunbulidan anbar taratib,
Unga qaramagil, deya buyursang,
Zulm-ku, dil shavqin oʻzing qoʻzgʻatib.

Shoirning jon talvasasida tipirchilayotgan jonivorlarni koʻrmoqqa na holi, na toqati bor edi. U oʻlimga sira-sira koʻnika olmasdi. Olloh oʻzi yaratgan inson ishqida barpo etgan bu olamda toʻyib-toʻyib yashashni, barchaning yashashini istardi. Xayyomning hamisha oʻzgalardan pinhon tutishga uringan siri-bu uning juda-juda hayotparastligi edi. U hayotni sevardi va shuning uchun, oʻlimning ulugʻligini his etgani holda, unga toqat qilolmasdi.

Togʻdagi ov ikki haftaga yaqin davom etdi.

Dashtu biyobondagi shikor oʻzgacha boʻlardi. Bu yerda saydgarlar koʻproq ot ustida ov qilardilar. Sulton ham oq tulporiga minib, oʻljaning ortidan quvar va bolaligidan hadisini olganiday, otni choptira borib, jon qaygʻusida yugurayotgan jonivorga qarata yoydan oʻq uzardi. Sayd qulagach, taqi boshqa jonivorning ortidan quva ketardi.

Yozida (dashtda) oq saksovullar moʻl edi-ularning boʻyi goho yetti-sakkiz gazgacha yetardi. Bundan tashqari, yirik juzgʻunlar, shuvoq va shoʻraklar ham koʻp boʻlib, qalin butazorlarni bunyod etgandiki, bu hayvonlarning jon saqlamogʻi uchun oʻngʻay edi. Bu yerlarda ovbop jonivorlardan ohu, kiyik, tulki, shagʻol (chiyaboʻri), quyon va sher kabi darrandalar ham koʻp uchrardi. Dashtdagi shikor saydgar uchun chinakam sinov ham edi. Unda otning ustida yoy ota olmoq mahorati ila botirlik ham boʻlmogʻi lozim edi. Chunki ot ustida chopib borayotgan ovchining roʻbaroʻsidan banogoh biron yirtqich chiqib qolishi va ot hurkib, suvoriysini yerga qulatmogʻi mumkin edi. Saydgarning yozigʻida (peshonasida) boʻlsa, sher yoki boshqa darranda uni gʻajib tashlashi ham turgan gap. Sulton Malikshohning padari buzrukvori sulton Alp Arslon davrida boʻlgan shikorlarning birida shunday boʻlgandi. Unda Malikshoh yoshgina bolakay edi, havas ila otasining ortidan yugurib yurardi. Kichkina yoyidan oʻzicha oʻqlar ham otardi. Oʻshanda koʻplab yarador jonivorlarning jon berishini koʻrgan ersa-da, qonga belangan odamning bunday tarzda jon talashmogʻini hech ham kuzatmagandi. Butalar ortidan tuyqusdan chiqib kelgan sher bechora saydgarning boʻgʻzini gʻajib tashlagandi... Bu mudhish manzara uni hali hamon tark etmaydi Jangu jadallarda necha-necha odamning yostigʻini quritgan, adadsiz jonivorlarni xokga qorgan sulton Malikshohning yodiga oʻsha voqea tushishi hamono yuragi zirillab ketadi. Chunki bu uning oʻlim haqidagi ilk bolalik tasavvuri edi. Oʻlim deganda uning koʻz oldiga oʻsha boʻgʻzi gʻajilib, qonga belangan saydgar kelardi.

Sulton yozi shikorida lochinlariga ham erk berdi. Ular ham qushbonlarning ilkidan shiddat ila osmonga koʻtarilib, oʻlja izlay boshladilar. Lochin podshohlar shikorining ulfatidir, u ila quvonadilar, uni sevadilar. Lochinning xulqi oʻzining nozikligi va pokizaligi ila tojdorlarning xulqiga oʻxshaydi. U goʻshtxoʻr parrandalarning podshohidir. Shul bois lochin boshqa odamlarga qaraganda podshohlarga koʻproq yarashadi. Lochinda boshqa jonivorlarda boʻlmagan jalolat mavjud. Podshohlar uni tomosha qilishning yaxshi alomatlari bor deb bilishadi. Sulton Malikshoh ham shunday deb bilar va ayni damda qushbonlar ilkidan koʻkka parvoz etayotgan lochinlarga uzoq-uzoq zavq ila tikilmoqda edi.

Asli lochinlarga ishqiboz boʻlgan Xayyom ham hozir sultonning yonida edi va u ham lochinlar parvozini kuzatardi. Shoir qushlar shohi haqida koʻp narsa bilar va uning bilishidan sulton ham boxabar edi. U lochin haqidagi rivoyatlarni bilishdan tashqari, uning harakatlariga qarab turli bashoratlar qilishga ham qodir edi...

Ana, lochinlardan biri toʻrgʻayni tutib, vahshat ila qiyqirib qaytdi. Shoir seskanib tushdi, lochinning bundayin harakati yaqin orada boʻlguvchi yomonlikdan dalolat berardi. Qush uchib kelib sultonning ilkiga qoʻndi.

-Shoirlar shohi shohning shoh qushi haqida ne deydi? -deya sulton ilkidagi lochinni yuqori koʻtarib, koʻz-koʻz qildi.

-Sultonimning lochini benazir. -Xayyom ot ustida oʻltirgan sultonga yaqinlashib, oʻng ilkini qush tomon uzatgancha davom etdi. -Uning paylari qattiq, boldiri yoʻgʻon, oʻzi yumaloq va miqti, qomati kelishgan, tusi sargʻish. Demakki, bagʻoyat sogʻlom va ovga bisyor harisdir (oʻchdir). Chin tojdorlarga munosib lochin ekan.

Shoirning gaplaridan sulton yayrab ketdi:

-Sizning har xususda ilmingiz beqiyos ekanligʻiga taqi bir karra amin boʻldim. -dedi va shohona iltifot koʻrsatdi. -Bu kungi oqshomni biz ila oʻtkazgʻaysiz, shoiri zamon.

Xayyom yengil ta’zim qildi.

Shoir sultonning koʻngliga yoʻl topa olgandi. Chunki uning lochinga bemisl mehri borligini juda yaxshi bilardi. Esida, mana shunday shohona shikorlarning birida ajab taassurotli voqea kechgan edi. Oʻshanda sulton ilkiga lochinni qoʻndirib, suv ichayotgan qushbonini koʻrib qoldi. Uni yuz darra urib jazolashni buyurdi va dedi:

-Bu ne hol?! Lochin -bu qushlar shohi, podshohlar ilkidagi eng aziz va muhtaram jonzot. Ne boʻldiki, sen bunday odobsizlik qilasen? Podshohlar e’zozlagan narsa ilkingda-yu, sen fahmsiz suv ichmoqdasen!

Qushbon tahlika ichra dedi:

-Xudovando umringizni uzun qilsin, sultonim, agar tashna boʻlsamu ilkimda lochin boʻlsa, ne qilay?

-Bu ishga layoqatli odamga ber.-degandi oʻshanda sulton biroz yumshab.-U lochinni ushlab tursin, sen suvingni ichaver.

Sultonning chodiri qoshida va’daga binoan tuzilgan shohona ziyofatdan sarxush alpozda qaytgan shoir oʻz chodiriga kirgisi kelmay, tashqariga oʻltirdi. Doimgiday yana osmonga tikildi. Goʻyo uni hamisha osmon oʻziga chorlab turadigandek, koʻk sari talpinib yashardi. Choʻlning tungi osmoni yanada boʻlakcha boʻlarkan-keng, bepoyon, tip-tiniq. Huddi mehribon bir kishingning koʻzlariga oʻxshaydi. Jimirlab nigohingga sanchilguday boʻlayotgan lojuvard yulduzlar esa oʻsha koʻzlardan otilgan mehrga chulgʻongan uchqunlar yangligʻ. Bunchalar ham yarqiramasa bu yulduzlar?! Ularning partavi (shu’lasi) jonim rishtasiga payvand. Ana, Oy qoshida Nohid yulduzi porlaydi. Buyoqda esa surati choʻmich monand Dubbi Akbar yulduzlari, bir yonda Hulkari axgar (choʻgʻ). Bu bepoyon koinoti yaratgan Zotga hamdlar boʻlsin! Bu sonsiz yulduzlarning adogʻi bormikin? Ularning inson koʻzi ilgʻay olmaydiganlari qanchaykin? Bir kun kelib bashar qavmi qadami, uning shuuri ana oʻsha cheksiz ma’volarga yetib borarmikin? Taqi cheksizlik! Taqi ustoz Uqlidusning oʻsha ikki yondosh chiziqlari, hech qachon kesishmaydigan hadlar. Nahotki hech qachon kesishmasalar? Huddi ezgulik va yovuzlik kabi. Demak, ularni bir-birlariga yaqinlashtirmoq, oʻrtalikni topmoq uchun oradagi xolis me’yorni topa bilmoq lozim ekan-da. Ana oʻshanda ezgulik va yovuzlik majozan boʻlsa-da qovushadilar. Qovushganlari bilan ulardan taqi ne bino boʻlardi? Bilmaysen, yo Abul Fath Umar, bilmaysen! Lekin oraliqning hosil boʻlmogʻi aniq. Hamma narsada oraliqni topa bilmoq lozim, uni topa bilmoq esa ulugʻlik nishonasidir. Hamma narsada me’yor, ya’ni eng xolis oraliq topilar ekan, mavjud parda, balki gʻayb pardasidir, koʻtariladi va koʻp asror oshkor boʻladi. Biroq bunga erishmoq mushkul. Nafs bandasi boʻlgan odamzot baribir bir tomonga ogʻib ketadi... Yaxshi fikr. Albatta yozib qoʻymogʻi kerak...

Ulugʻ muallim Aristotilusning egri va toʻgʻri hadlar haqidagi fikriga uyqash fikr boʻladi. Ya’ni u egri chiziqni ahmoq, toʻgʻri chiziqni esa oqilu dono kishilarga oʻxshatadi. Toʻgʻri chiziqlar bir-birlariga hamisha tekis yopishadilar, egri chiziqlar esa hech qachon mos tushmaydilar. Ya’ni oqil kishilar bir-birlarini oson tushunib, til topisha oladilar, ahmoqlar esa... Ustoz topib aytgan. Taqi oʻsha oraliq!.. Xayyomning miyasi chirsillab ketganday tuyuldi. Xayolini chalgʻitish niyatida yuzini kaftlari ila keskin ishqalab, yana Oyga tikildi. May otashidan qizigan vujudida yoqimli jimirlash uygʻondi. Oy yuzida taqi Maryam namoyon boʻldi. Hozir ne ila mashgʻul ekan u arman goʻzali?! Shoirning tani qizib, oʻrnidan turdi-da, egnidagi shirdogʻini (issiqdan saqlanish uchun kiyiladigan kiyim) va Shokir Talx tikib bergan tagi yassi oʻngʻay etigini yechdi. Shirdogʻini taxladi va soʻl yoniga yonboshlab, unga boshini qoʻydi. Koʻzlarini yumarkan, xayoli goʻzal Maryamning vasliga ilk bora yetishgan onlarga uchdi.

Rasadxona qasabasidagi togʻning bagʻrida katta bir buloq bor edi. Uning yoqasida ulkan yongʻoqlar oʻsgan boʻlib, ularning ostidagi xarsang toshlar tekis va silliq soyada salqinlab oʻltirish uchun juda oʻngʻay edi. Buloq suvi bagʻoyat tiniq va toza, ta’mi totli edi, kishining ichgan sari ichgisi kelar, boshqa suvlar kabi qorinni shishirmasdi. Bir safar Maryamning mayli ila oʻsha buloq boʻyiga bordilar. Silliq xarsangtosh ustiga yonma-yon oʻltirdilar. Qiz ilkini tizzalari uzra qovushtirib, ularning ustiga oppoq yonogʻini bosib, buloq suvining xiromiga tikildi. Anchagacha bir soʻz demadi. Xayyom ham unga halal bermoqni istamadi. Nihoyat qiz boshini koʻtarib, oyoqlaridagi guldor xipcha chuvaklarini yechdi, hovuchini toʻlatib suv olib, yuziga bosdi. Billurdayin suv tomchilari yuzida sirpandilar. Shoir unga mahliyo boʻlib tikilib turardi. Vujudida huzurbaxsh va shuningdek, oʻrtaguvchi bir his kezina boshlagandi. U ana shu oʻrtanish asnosida yutoqqanday yutindi.

-Qanchalar sohibjamolsen, Maryam!-dedi u qizdan koʻzlarini uzolmay.

Qiz unga qiyolab, jon olgʻuvchi nigoh tashladi. Oʻsiq qayrilma paykonlar bir necha bor silkindilar.

-Chiningizmi?-soʻradi u yoqimli erkalik ila.

Bu payt shoirning nigohi uning uzun koʻylagi ostidan chiqib turgan oppoq oyoqlariga tushdi. Ayniqsa, tovonlari goʻzal edi- qizgʻish-sariq, koʻngilga ehtiros oʻtini solguvchi.

-Seni juda-juda yaxshi koʻrib ketmoqdamen, Maryam!-dedi shoir ovozi titrab.

-Endiginami? -deya qiz taqi-da olov qaladi.

-Azaldan!

-Men ham aytayinmi? -dedi qiz endi araz qilganday boqib.

Xayyom oʻzini tutib turolmadi, uning yelkasidan ohista ushlab, oʻziga tortdi. U qizni ilk uchrashuvdayoq sevib qolgan, biroq otasining hurmatidan andishasi ortib, oʻzga nigoh ila boqmoqdan tiyilardi. Hozir esa ishq oʻti solgan tugʻyonini jilovlay olmadi.

Qiz ham qarshilik qilmadi. Shoirning bagʻriga suqilgani sari betakror huzur ogʻushida qolmoqda edi.

-Jonim!-dedi shoir titrab.

Qizning boshidagi silliq yogʻligʻi (roʻmoli) sirgʻalib, tushib ketdi. Mushk[1] ning boʻyiga chulgʻangan tim qora sochlari toʻlgʻonib, yoyildilar.

Shoir nim pushti lablarga lablarini bosdi. Ular beqiyos totli edilar, xuddi manov buloqning suvidek toza va musaffo. Ikki oshiq dil bir-birlariga chirmashdilar...

Chodir yonida uxlab qolgan shoir hansirab, toʻlgʻonardi. U soʻl yoniga yonboshlab, yuragini quchgancha shirin tush koʻrmoqda edi...

Shikorning yozidagisi ham ikki hafta davom etmoqda edi. Sulton hali shikordan zerikmagandi. Bu safar peshinga yaqin saksovul va shuvoqlar chirmashgan qumli daraga kirib qoldilar. Atrof javonib qumtepalardan iborat. Toʻrt burchagiga nayzalar oʻrnatilib, soyabonlar tutilgan arobalar oʻljalarga toʻlgandi, biroq hukmdor ovni toʻxtatay demasdi. Bir mahal ikki saydgar tepalik ortidan ikki sherbachchani koʻtarib kelib qoldilar. Sherbachchalarning koʻzlari endigina ochilgan boʻlsa-da, tinmay irillardilar, biroq baquvvat saydgarlarning chayir ilkidan qutula olmasdilar. Sherning bachchasi ham sher boʻlgani bois bu bandilikka dosh berolmasdilar. Ularni sultonning istagiga binoan qafasga soldilar. Hukmdor sherbachchalarni saroy hayvonotxonasiga eltmoqni niyat qilgandi.

Oradan hech qancha fursat oʻtmay, saydgarlar sherbachchalarni olib kelgan yoqdagi tepalikda na’ra tortgan ona sher paydo boʻldi. U shiddatli tarzda oʻkirar va odamlar tomonga talpinardi. Ahli shikor darrov sergak tortib, yarogʻlandilar. Yoylariga paykonlarini joylab, zix (kamon ip)larini tarang tortib, shay turdilar.

Sultonning yuzida tantanavor bir ma’no barq urib, kuldi.

-Mana endi jang qiziydurgʻon koʻrinadur!..

Ona sher quyiga tushib kela boshladi. Saydgarlar sultonning amri ila uni oʻqqa tutdilar. U yoy oʻqlariga chap berar, goh oldinga, goh orqaga sakrab, irillardi, odamlarga hamla qilishiga paykonlar boʻroni monelik qilardi. Bu hol anchagacha davom etdi. Saydgarlar sherning ahvolidan zavqlanib, qiyqirardilar. Axiyri sher bundan zerikdimi yoxud sa’ylari nafsiz ekanligini tushundimi, yerga dumalab, boshini har yonga urib, oʻkira boshladi. Barcha uni masxara qilganday battar qiyqirmoqqa tushdilar. Birdan sher tinchib qoldi-da, bir pas qimir etmay yotdi.

Hammalari hayrat ila sukutga toldilar. «Oʻlib qoldimi, nima balo?»-deya oʻylardilar ular. Koʻp oʻtmay, ona sher oʻrnidan turdi, xotirjam qiyofada odamlarga tikildi. Soʻng ohista bir necha qadam ortiga tislandi-da, shiddat ila oldinga tashlandi. Hali odamlar oʻzlarini oʻnglab olmaslaridan ularga yaqinlashdi va shahd ila shundayin bir sakradiki, misoli uchayotgandek kelib, oʻljalar ortilgan arobaning burchagidagi soyabon tortilgan nayza tigʻiga koʻksini urdi. Tigʻ gʻirchillab koʻksiga chuqur-chuqur botdi. Uni kuzatib turgan odamlar uvillab yubordilar. Sher bir-ikki tipirchiladi-da, nolakor sasda choʻzib bir ingragach, jon berdi. Nariroqdagi qafasda turgan sherbachchalar ketma-ket irilladilar.

Barcha bir lahza jim qoldi. Hammaning qalbini hayrat va achinish hissi egalladi. Bu, ayniqsa, Xayyomga qattiq ta’sir qildi, u yoqasini tutib, «Subhonolloh!» deb yubordi.

Jimlikni Sultonning ovozi buzdi:

-Sherlarga achinmaydurlar.-dedi u asta va itobli (gʻazabkor) tarzda xitob etdi. -Ulardan iftixor eturlar!- Ammo u shu gapini aytdi-yu beixtiyor bir soʻlish oldi. Shu-shu kechgacha ojizlana bordi. Oqshomda isitmasi chiqib, yotib qoldi.

Xayyom uning shirdogʻini yechib, yozi oftobidan qorayib, ozgʻinlashgan yuzidagi sovuq terlarni artdi.

-Menga ne boʻldi, shoir?-soʻradi u titrarkan.

-Shikorni toʻxtating, olampanoh.-dedi Xayyom yalinchoq ohangda,- Koʻngilxushlik uchun jonivorlarning qonini toʻkmoqlikni bas qilaylik. Ruhiyatingizga shikast yetmish, sultonim!

-Ha, oʻzim ham sezib turibmen!.. -Sulton entikdi.- Tongda saroyga qaytmoqlikka farmon bering, shoir. Shaharga qaytishimiz hamono Adam Shayx hazratlarining xonaqosiga, muridlariga xayru ehsonlar qilgum, inshoolloh!

-Sultonimning niyatlari oʻzlariga yoʻldosh boʻlgʻay.-deya uning soʻzini ma’qulladi Xayyom.

Ertasiga ertalab Isfahon sari yoʻl oldilar. Sultonning amoriyda oʻtirmoqqa ham holi kelmagach, arobaga yotqizdilar. Umar Xayyom uni muolaja qilmoqqa tushdi.

Bu shikorda oʻn ming boshdan ziyod jonzotlarga qiron keltirildi. Shu-shu xalq ichra «Sulton Malikshoh, minorat al qorun», ya’ni «Sulton Malikshoh shoxlardan minora tikladi», degan naql tarqaldi.

Ikkinchi bob

1

Isfahonda va umuman saljuqiy sultonlar hukmronlik qilayotgan butun mamlakat hududida turli din va mashablarga mansub avom baqamti umrguzaronlik qilardilar. Saljuqiy hukmdorlar islomparast va islomparvar boʻlganlari holda, oʻzga dinga mansub qavmlarga ham bagʻrikenglik ila munosabat koʻrsatardilar. Ulardagi mana shu fazilat koʻpchilikka manzur boʻlar va zabt etilgan oʻlkalardan Isfahonga hamda mamlakatning boshqa kentlariga olib kelingan shoiru fuzalolar, hunarmandlar bu yer xalqi ila tez qovushar, taqi urfu odatlariga ham tez koʻnikib ketardilar. Biroq bu ulkan va qudratli davlat siyosatining bundayin maqomga yetishmogʻi oson kechmagan, unga anchayin kurashlar ila erishilgan. Mamlakat ichra bu yangligʻ tartib oʻrnatilishida vaziri a’zam Nizom ul Mulk hazratlarining xizmatlari beqiyos boʻlgan. Keksa vazir yozgan, shuningdek, allaqachon xalq ichra shuhrat topib, ziyo taratayotgan «Siyosatnoma» otligʻ risolani mutolaa etgan kishi bunga yanada amin boʻlgʻay. Zotan bu donishmandlikka yoʻgʻrilgan risolada tojdorlarga va umuman davlatni idora etmoq ila mashgʻul kishilarga koʻpu xoʻp pandu nasihatlar borki, ularni quloqqa olib, amal qilmoq oqillar ishidir. Aslan ham bu kitob saljuqiy shahzodalarni tarbiya etmoq va ularning amallari ila barpo qilingan buyuk hamda qudratli mamlakatni saqlab qolmoq orzusida bitilgan edi. Fozilu donish vazir hukmdorlarga neniki aytmoqni ixtiyor etgan boʻlsa, oʻsha gap yoxud unga muqobil rivoyat va hikoyat mazkur risoladan joy olgandi.

Nizom ul Mulk sunniylarning shofe’in mazhabiga mansub edi. Sulton Malikshohning amakisi, saljuqiylar saltanatining asoschisi Muhammad Toʻgʻrulbek oʻlguday sunniyparast hanafiy va bu borada bisyor mutaassib edi. U butun umri mobaynida shofe’inlarni qatl etib, quvgʻin qilib yashadi. Vale sof sunn’iylar davlatini barpo etmoqqa qurbu imkoni yetmadi.

Bu gʻayirlik va adovat tuygʻusi sulton Alp Arslonda ham mavjud edi. U shofe’inlarni quvgʻin qilmasa-da, ularni ochiqdan-ochiq yomon koʻrardi. Ularga ziyon-zahmat yetkazmasligining boisi esa Nizom ul Mulkday oqilu dono vaziri borligi va uning shofe’inlar mazhabiga mansubligidan edi. Lekin u bundan pinhona afsus-nadomat chekardi. Goho kayfiyati buzilgan paytlarda bu nadomati tiliga ham chiqib ketardi:

-Mening vazirim shofe’in boʻlmasa qaniydi! Afsus!..-derdi itob ila.

U saltanatni ilki qattiqlik va kuch ila idora etardi. Oʻzining e’tiqodiga, ya’nikim hanafiy mazhabiga juda sodiq va muhabbatli edi. Shofe’in boʻlgan vaziri a’zam uning huddi mana shu sadoqatu muhabbatidan xavfsirab yashardi.

Yosh sulton Malikshoh davrida Nizom ul Mulk oʻz orzusiga yetdi- hanafiy va shofe’in mazhablari rasman teng deya e’tirof etildi hamda ular oʻrtasidagi nizolar birmuncha barham topdi. Mamlakatning jamiki joylarida shofe’inlarga nisbatan gʻayri munosabatlar yoʻq boʻldi. Goʻyoki musulmon dunyosi osmonida oqillik quyoshi balqib, jumla jahon murosa-yu ahillik ziyosiga yoʻgʻrildi. Bir soʻz ila ifoda etilsa, saljuqiylar va demakki, vaziri a’zam orzusidagi mustahkam saltanat barpo etildi. Davlat idorasiga ahli dinning ta’siri kuchaydi. Nizom ul Mulk joriy etgan Nizomiyada (koʻplab fanlar oʻqitiladigan va davlat tomonidan ta’minlanadigan oʻquv maskani, zamonaviy tilda aytganda, universitet) va diniy idoralarda mutakallimlar (Islomni an’anaviy va turgʻun holda tushunuvchi diniy oqim) koʻpaydi. Soʻfiylar alohida hurmatu e’tiborga ega boʻldilar, Isfahon soʻfiylarining piri komili Adam Shayxning nufuzi ortdi. Xonaqohlar, mullavachcha-yu hofizi Qur’onlar uchun mamlakat xazinasidan moʻl-koʻl oltinu kumushlar tortiq etilardi. Sulton boshliq koʻplab amaldorlar shofe’inlarning marhum imomlari ruhiga izzat-hurmat koʻrsatmoqni odat qildilar.

Vaziri a’zam shular bilangina cheklanib yoki kifoyalanib qolmasdi. U mamlakatdagi oʻz ta’sirini, nufuzini mustahkamlab borardi. Bu borada, ayniqsa, uning oʻzi joriy etgan Nizomiyalar juda-juda oʻngʻay edi. Ulardagi vazir tomonidan tayinlangan mudarrislar va jome’ masjidlarining imomlari Qur’oni karim hamda hadisi shariflarga uygʻun tarzda uning yoʻriqlarini ilgari surardilar. Raiyatning shuuriga mashhur va donishmand sohibi devonning fikru nasihatlarini singdirmoqqa urinardilar. Filhaqiqat, bu urinishlar zoye ketmayotgandi, Nizom ul Mulkning mavqei saljuqiylar saltanati aro mustahkamlanib borardi.

Biroq bani bashar baribir bandaligicha qolardi, ya’ni u minba’d oʻzaro nizolarsiz, kelishmovchiliklarsiz yasholmasdi. Vaziri a’zamning xohishi va sa’yi ila mamlakatda shofe’inlarga qarshi ta’qiblar tugatilgandek koʻrinardi, lekin ular oʻrtasidagi bu murosa-yu madoralar faqatgina boshkent Isfahonda va taqi ba’zi viloyatlarda sezilarli edi xolos. Bunga aksil oʻlaroq koʻplab viloyatlarda va ayniqsa, Islom olamining markaziga aylangan Bogʻdodda ular orasidagi nizolar mudom davot etardi. Biroq bu kurashlar asosan om (oddiy xalq) oʻrtasida pinhona tarzda olib borilardi. Aslida bu nizolar hech qachon barham topmasligini vaziri a’zam va boshqa mulohazakor kishilar ham juda yaxshi tushunardilar.

Shunday qilib, buyuk saltanat bir qadar osoyishta hayot kechirmoqda edi...

Saljuqiylar davlatida koʻpchilikka noayon boʻlgan va sulton Malikshoh hamda vaziri a’zamgina sezib turgan taqi bir xavf quvvat yigʻmoqda edi. Bu xavfning asosida hanafiylarni va na shofe’inlarni tan olmagan, ularning har ikkisiga ham birdek tish qayragan ( shialikka mansub) ismoiliylar turardilar. Ularni bir soʻz ila tarrorlar (oʻgʻri, qaroqchi, tajovuzkorlar) deb ham atash mumkin. Zero bu ahli tarror butun dunyo boʻylab yoyilib, kuch yigʻa boshlagandilar. Saljuqiy saltanatda esa ular asosan Qazvin, Isfahonda va Islom xalifasi-yu shayxulislom hukmron boʻlgan Bogʻdodda koʻpchilik edilar. Ularning sanogʻi kun sayin ortib borardi. Bu haqda butun saltanat boʻylab izgʻigan hufiyalar kunda-kun ora yangi-yangi xabarlar olib kelardilar. Ismoiliylarning peshvosi vaziri a’zamga juda yaxshi ma’lum boʻlgan Hasan Sabboh edi va u olampanohning ismoiliylarga qarshi bir reja ixtiyor etganidan ham boxabar edi. Shunga qaramay, ismoiliylar vaziri a’zamning oʻz tanasidagi eng xavfsiragan ogʻriqli a’zosidek edi goʻyo.

Bu oʻy-fikrlar vaziri a’zamni bir lahza boʻlsin tark etmas, nafaqat shuurini, balki qalbini ham kemirib borardi. Keyingi kunlarda uning koʻngliga gʻulgʻula solguvchi taqi bira voqea roʻy berdi-sulton Malikshoh hazratlari shikordan hastalanib, buning ustiga kishini xushlamaydigan boʻlib, tund alpozda qaytdi. Olampanohning ruhiyatidagi bu darzning shikor mahali roʻy bergan sher voqeasi ta’sirida paydo boʻlganligidan boxabar edi. Biroq hastalik chekinib, oyoqqa turgan boʻlsa-da, u hali biron marta vaziri a’zamni huzuriga chorlamadi. Bu narsa vazirni turli gumonu ishtibohlarga roʻbaroʻ etmoqda edi.

Sohib devonning shundoq ham, ya’ni shuncha tashvishu xavflarsiz ham xotirjam yashashi mumkin emasdi. Chunki uning osh ayoqiga ogʻu solgan, aniqrogʻi, ogʻu soldirgan gʻanimlari hayot edilar. Ibn Bahmanyor zindonda sirli tarzda oʻlim topgani bilan uning hamtovoqlari, rahnamolari tirik yurardilar. Biroq vaziri a’zam ularning kimlar ekanligini bilmasdi, bilolmasdi. Goho tanho qolib, oʻyga botganda, son-sanoqsiz qoʻllar uning girbonidan olayotgandek tuyular va xayolan mislsiz kuch topib, ulardan omon qolardi. Shunday vaqtlari atrofida payt poylab, pisib yotgan behisob kushandalari borligini his qilardi, payqardi...

2

Sultonning dili xufton edi. Dunyoning yarmini zir titratgan tojdor hozir zabun bir ahvolda oʻtirardi. Uning bu koʻngilxiraligi shikorning soʻngida boshlangan ersa-da, saroyda roʻy bergan oxirgi hodisa avvaliga gʻazab tulporiga mindirdi. Lekin oʻtgan bir necha kun mobaynida gʻazabi soʻnib, bagʻrini oʻkinch, alam egalladi, har nimarsaga hafsalasiz ahvolga keldi. Undagi soʻngan oʻsha gʻazab shohona boʻlgani singari, ayni damdagi oʻkinchu alami bir jihati oddiygina insoniy boʻlsa-da, aslida bu tuygʻulari ham shohona edi. U hatto shohlarga ham dunyo bebaqo ekanligini anglab, har qancha himmatu saxovat koʻrsatmasin, baribir odamiy xiyonatdan, shundoqqina biqinidagi xanjarlar tigʻidan omonda qolmasligini anglab turardi. Bu narsani anglash juda eski, biroq har bir odam oʻzicha erishadigan shohona kashfiyot edi. Shu kabi bu kashfiyot hamisha boyagidek alam ila nihoyalanadi...

Sulton qars urib, hojibi dargohni (saroy noziri, qabul marosimlarining mutasaddisi) chaqirdi.

Hojibi dargoh kirib, ta’zim ila xizmatga shay turgach, buyurdi:

-Avvalan muhtasibni, soʻngra vaziri a’zamni chorla!

Xizmatchi chiqib ketgach, noxush oʻylar uni taqi ishgʻol eta boshladi. Menga ne boʻldi? Bunchalar dilzadalik nechun? Ha, bir qiziqchi oʻlsa oʻlibdi, vazirzoda xiyonat qilsa qilibdi? Nima, shunga ham ota goʻri- qozixonami? Yo xiyonatga endi roʻbaroʻ kelishimi? Axir bu Odamdan (Odam Atodan) qolgan shoʻrish-ku. Shunga shunchalar alam tortmoq durustmi? Axir u sulton, buyuk saljuqiylar saltanatining hukmdori! Bu yangligʻ ahvolga tushmoq sultonga yarashiqlimi? Yoʻq, aslo!..

Aslida gap vaziri a’zamda ham, qiziqchisida ham va boshqada ham emasdi. Uning ahvoli ruhiyasi oʻsha shikorda roʻy bergan ona sher voqeasidan soʻng butunlay oʻzgargandi. Lekin oʻzida kechayotgan bu ayru holatni oʻzi tuzuk-quruq anglamasdi. Vaholanki, shikordan qaytgach, bir oycha hastalanib yotdi. Tabiblar muolaja etdilar, nafasi oʻtkir duogoʻyga bir necha bor dam soldirdilar, soʻfiylar xonaqosiga, beva-bechoralarga xayru ehsonlar qildilar, ammo jismi sihat topsa-da, ruhi, qalbi oromga erishmadi. Mudom shu ahvol.

Haqiqatda esa saljuqlar davlatining sarhadlari kengaygandan kengayib borar, uning chegaralari magʻribda Hozor va Marvarid dengiziga, shimolda Qofqoz va Qora dengiz sohillariga, janubda esa Fors koʻrfazi hamda Ajamu Shom sahrolarigacha yetgandi. Vizantiya va Misr Fotimiylari ham unga qaram edilar. Bular juda katta hududlarni oʻz ichiga olardi va mana shu ulkan hamda bemisl hudud Buyuk Saljuqiylar davlatini tashkil qilardi. Endi Sulton mashriq tomonga koʻz tikmoqda edi. Uning oʻyida qoraxoniylar davlati boʻlmish Movarounnahr sari yurish qilish rejasi ham bor edi, biroq buni hali hech kimsaga oshkor etmagandi.

Hojibi dargoh kirib, muhtasib Sayyid Muhammad Badriy kelganligini ma’lum qildi. Sultonning ijozati ila koʻp oʻtmay huzuri muborakda muhtasib paydo boʻldi. U olampanohga ta’zim qilib, uning ishorasi ila taxtning soʻl yonidagi oʻrindiqqa oʻltirdi.

Sulton ilki ostidagi Nizom ul Mulk bitgan va oʻziga tuhfa etgan «Siyosatnoma» kitobini olib, Badriyga uzatdi. Soʻng:

-Shariatda xiyonatga jazo bormu, muhtaram Badriy janoblari?-dedi past, oʻychan ovozda.

Keksa muhtasib shoshib qoldi. U tabiatan juda hurkak edi va hozir ham joni koʻziga koʻrinib ketdi. Shoʻrlik birovga, biron gapga qarshi chiqmoqlikni umumun xushlamas va istamasdi ham. Hozir koʻzlarini jovdiratib, sukutda qolmogʻi ham ayni damda maqbul soʻzni izlayotganidan edi.

-Nechun indamaysiz? -Sulton bu soʻrogʻini javobsiz qoldirish mumkin boʻlgan ma’noda aytdi.

-Agar olampanoh...

Ta’zim ila kirib kelgan hojibi dargoh muhtasibning gapini boʻldi va vaziri a’zam kelganligini ma’lum qildi.

Nizom ul Mulk huzuri muborakka kirib, bosh egib salom berdi va sultonning ishorati ila uning oʻng yonboshidagi kursiga oʻltirdi. U xiyol sarosimali koʻrinar, hatto boya ta’zim qilayotganida noqulayroq sa’y etdi chogʻi, amomasining (sallasining) pechi (sallaning chap tomonida osilib turadigan qismi) yelkasidan sirgʻalib tushib ketdi. Keksa vazir buni oʻtirgach payqadi va osilib qolgan pechini shoshib oʻng yelkasiga tashladi. Uning bu bezovtaligi sulton hazratlarining oʻzgarib qolganligi va uni shu kungacha biron marta yoʻqlatmay, banogoh huzuriga chorlab qolganligidan edi.

Sulton vazirga oʻgrilib, miyigʻida kuldi va dedi:

-Vaziri a’zamning sihatlari durustmi?

Vazir shuurida bu soʻroqqa turli ma’nolar berarkan, ta’zim qildi.

-Shukur, olampanoh. Sultonimning soyayi davlatlarida hamisha omondamiz.

-Biz ulugʻ bir donishmandlik kitobidagi hikmatni siz ila baham koʻrmoqni ixtiyor etdik.-dedi sulton muhtasibga «oʻqing» ma’nosida ishorat qilarkan, hali belgilab va unga tayinlab qoʻygani sahifani ochishga buyurib.

Vaziri a’zam oʻz kitobini tanidi va bir noxushlikni sezib, ichidan zil ketdi.

Ozgʻin, rangpar muhtasibning nafaqat ilki, hatto siyrak soqoligacha titrardi. U oʻshandayin titroq ovozda kitobni oʻqiy boshladi:

«-Husravi Parvezning vaziri Bahrom Choʻbin ila munosabati boshda yaxshi edi, uni koʻp hurmat qildi. Usiz hatto taom yemas, biron piyola gulob ham ichmas edi. Shikorda ham, saroyda ham ular hamisha birga boʻlishardi. Kunlardan bir kuni Hirot ila Saraxsning omillari podshoga har bittasi bir xarvordan zarur va qimmatbaho yuk ortilgan uch yuz bosh tuya olib keldilar. Husravi Parvoz bularning hammasini Bahrom Choʻbinga berdi.

Ertasi kuni Husravi Parvezga noxush xabar keltirdilar-Bahrom Choʻbin gʻulomini qip-yalangʻoch qilib qattiq savalabdi. Podsho dargʻazab boʻldi va Bahrom Choʻbinni darhol chaqirtirib keldi, soʻng qurchiboshiga «Qurxonadan besh yuz shamshir olib chiq!»-deb buyurdi. Qilich olib chiqilgach, Choʻbinga qarab murojaat qildi:

-Qani, Bahrom, qilichlar ichidan yaxshilarini tanla!

Bahrom yuz ellik qilichni saralab oldi.

Shundan keyin podsho yana dedi:

-Shu qilichlardan oʻnta yaxshisini tanla!

Bahrom tanlab, chetga terib qoʻydi.

Podsho yana buyurdi:

-Endi shu oʻn qilich ichidan keskir ikkitasini tanla!

Bahrom eng yaxshi va kskir ikki qilichni tanlab olib, podshoning oldiga qoʻydi.

-Endi,-dedi podsho, -har ikkala qilichni bir qinga joylashtir.

Bahrom Choʻbin hayron boʻldi, soʻng dedi:

-A’lo hazrat! Axir ikki qilich bir qinga sigʻmaydi-ku?

Podsho dedi:

Podsho dedi:

-Unday taqdirda bir mamlakatga ikki hukmdor sigʻadimi?..»

Badriy oʻqishni toʻxtatib, kitobni asta yoparkan, sultonga qarab moʻltiradi.

Vaziri a’zam boshidayoq oʻqilayotgan hikoyatni eslagan va sulton nima demoqchi ekanligini fahmlagan edi. Biroq hukmdor ne bois bu hikoyatni oʻqitayotganligini anglolmay halak edi.

Sulton boʻlsa, hikoyat tugagach ham manglayini tutib, oʻng yonboshiga suyangancha ancha sukutga toldi. Nihoyat vazirga ma’noli tikildi-da,

-Ana shundoq!..-dedi yumshoq zarda ila.

Vazir «aybim ne» degandek hayronu lol turardi.

-Sizga ijozat!-dedi bir mahal sulton vazirga oʻlganning ustiga tepgan yangligʻ.

Nizom ul Mulk zabun bir ahvolda xayollari chalkashib, eshikka ravona boʻldi. U chindan-da yaqindagina roʻy bergan dahshatli voqeadan bexabar edi...

Sulton hastalikdan soʻng oyoqqa turgach, koʻngil xiraligini yozmoqni istab qoldi. Bir xayoli Xayyomni chorlamoqchi boʻldi. Lekin shoir uning muolajasi ila bandligi bois kunda-kun osha shu yerda ekanligini oʻylab, dili yangilikni tusadi va suyukli qiziqchisi Ja’farak Chuchukni chorladi. Ahli saroy buyuk bir sarosimada qoldilar, chunki qiziqchi allaqachon uqboga rixlat qilgan, bu sovuq xabarni bemorlikdan endi-endi xalos boʻlayotgan sulton hazratlariga yetkazolmay necha kundirki xizmatchilarning holi tang edi. Ana endi tojdor oʻz qiziqchisini yoʻqlab qoldi-yu... Har tugul endi shum xabarni a’lo hazratga yetkazmoq oʻngʻayroq. Yetkazdilar ham...

Ja’farak Chuchuk saroy a’yonlari huzurida vaziri a’zamni rosa masxara qilgach, vazir bu ogʻir yukni ming azob ila ichiga yutib qoʻyavergan edi. Biroq bu gap ustomon kimsalarning chaquvi ila vazirning toʻngʻich oʻgʻli, Chuchuk aytmoqchi, oʻn ikki «sakbachcha»ning biri boʻlmish Balx hokimi Jamol ul Mulkning qulogʻiga yetib borgach, u oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi. Itobga kelib, alamdan va oʻch ishtiyoqida tishlari gʻichirladi. Jamol ul Mulkning fe’lida sarkashlik (qaysarlik) va kibru havo ustivorroq edi. Ushbu vajhdan sulton Malikshohni uncha xushlamas, bu borada otasining nasihatlariga ham uncha quloq tutmasdi. Hali sulton Alp Arslon hayotligidayoq otasi unga yosh shahzoda Muhammad Jaloliddinga, ya’ni Malikshohga vazirlik mansabini tavsiya etganida, u «Shu goʻdakka vazirlik qilamanmi!» deya rad qilgandi. Undagi oʻsha munosabat va fikr mudom saqlanib qolgandi. Shuning uchun Jamol ul Mulk battol masxarabozning adabini berib qoʻyish niyatida ertasigayoq dorulsaltanat sari yoʻlga chiqdi. Isfahonga yetib kelgach, Ja’farakni tutdi va avval uning tilini kesib, qonga beladi. Soʻng boʻgʻizlab tashladi. Bu haqda na otasiga va na boshqa birovga bir soʻz aytmay Balxga qaytib ketdi...

Uning bu qilmishi sultonning yuziga oyoq qoʻymoqlik va hatto uni ochiq-oshkora pisand qilmaslik ila barobar edi. U goʻyo Malikshohni kurashga da’vat etardi. Sulton ham bu da’vatga «labbayka» deya javob berdi va vaziri a’zamni bu mudhish qilmishdan boyagidek kinoya ila voqif etgach, tunda Balx sari hufiya kishi yubordi. Hufiya Balxga yetib borib, Jamol ul Mulkni pinhona boʻgʻib oʻldirdi va ikki oydan soʻng boshkentga ogʻir xastalikdan qazo qildi, degan xabar olib keldi.

3

Vaziri a’zam sulton huzuridan chiqqach, avbosh oʻgʻlining qilmishini eshitib, tahlikada yurgan kunlarda a’yonlar taqi saroyga chorlandi. Sulton Malikshoh harbiy mashvaratni ixtiyor etgan edi. U mashvarat chogʻi qoraxoniylar hukmronligi ostida boʻlmish Movarounnahrga lashkar tortmoqchi ekanligini oshkor etdi. Bu xabarni eshitgan saroy a’yonlari, sipohsolar (lashkarboshilar) olampanohni muborakbod etib, olqishladilar. Qalbi tahlika-yu andishada boʻlgan Nizom ul Mulk esa zohiran olqishlarga xayrixoh tursa-da, yonidagi Umar Xayyomga zimdan ma’noli qarab qoʻyadi. Chunki...

Akasi sulton Toʻgʻrulbekdan soʻng saljuqiylar taxtiga oʻltirgan sulton Alp Arslon uning Bogʻdod xalifasining aralashuvi bois amalga oshirolmagan niyatini roʻyobga chiqarishga ahd qildi. Toʻgʻrulbek zamonida qoraxoniylar hukmdori Tamgʻachxon uning tajovuzlaridan xalifaga arz qilgan va xalifa har ikki tojdorni murosaga solgan edi. Bu davrga kelib, Bogʻdod xalifaligi inqirozga yuz tutgan, xalifaning ham, shayxulislomning ham mudom omonligi Islomning hurmatidan edi xolos. Aslida butun sharqiy olamga buyuk saljuqiylar hukmronlik qila boshlagandilar.

Shunday qilib, hijriy 450 (milodiy 1071) yilning boshida sulton Alp Arslon qariyb ikki yuz minglik qoʻshin ila Movarounnahr sari yurish boshladi. Bu yurt xalqining azaliy xaloskori, himoyachisi boʻlmish koʻhna Jayhun sohillariga yetib, bir muddat nafas rostlash bahonasida daryo uzra koʻpriklar qurdirishga tushdi. Kunlarning birida saljuqiy sipohiylar shubhali bir kimsani tutib keltirdilar. Oshkor boʻlishicha, bu kimsa qoraxoniylar saltanatining darvoza shahri boʻlmish Termiz qal’asining qutvoli (komendanti) ekan. U sultonga muhim bir sirni aytmoqchi ekanligini bildirgach, uni sulton Alp Arslonga roʻbaroʻ qildilar. Yusuf otligʻ kimsa gʻanimning jonfido hufiyasi boʻlib chiqdi- u sultonga yovuq kelgani hamono uning koʻksiga xanjar urdi va oʻzi ham soqchilar ilkida tilka-pora boʻldi. Sulton qattiq yaralangani sababli qoʻshinni orqaga qaytardi va Isfahonga yetib kelgach, omonatini topshirdi. Taxt vorisligini oʻgʻli Jaloliddin Malikshohga hamda unga rahnamolikni suyukli vaziri Nizom ul Mulkga vasiyat qildi.

Hali qoni qaynoq boʻlgan yosh sulton tez orada padari buzrukvorining xunini talab qilmoqni ixtiyor etib, kelasi yili koʻklamdayoq Buxoro sari yurishga hozirlik koʻra boshladi. Biroq Buxoro qozikaloni Abu Tohir vaziri a’zam Nizom ul Mulkga maktub ila kishi yoʻllab, bu yurishni toʻxtatishligini oʻtindi. Evaziga boju xirojlar miqdorini ziyoda etmoqlikni va’da qildi. Qozikalon moʻljalni toʻgʻri olgandi. Chunki vaziri a’zam sultonga murojaat etib, Movarounnahr yurishini toʻxtatishlikka erishdi. Unda sulton Malikshoh hali yosh, vaziri a’zamning yoʻliga yurguvchi, koʻp yumushlarda unga itoat etguvchi va shu ila ota vasiyatini bajarayotganligidan shodlanuvchi gʻuborsiz yigitcha edi. Endi esa u ulgʻaygan, oʻz fikrida qattiq turguvchi sarkash hukmdorga aylangan va shon-shavkati Nizom ul Mulk zakovatining koʻlkasida qolayotganligini tushunib yetgandi. Qolaversa, zurriyodi qilgan avboshlik vaziri a’zamga boʻlgan ishonchiga ham putur yetkazgandi. Endi bu urushga qoraxoniylar naslidan boʻlmish malika Turkon Xotun ham monelik qilolmasligi aniq edi. Bundan tashqari, qozikalon Abu Tohir olamdan oʻtgan, Buxoroda avomga nisbatan jabr-zulm kuchayib, uning avvalgi hukmdori Shams ul-Mulkning oʻgʻli Ahmadxon sultonga itoatsizlik qila boshlagandi. Vaziri a’zam ham, Xayyom ham bu narsalardan boxabar edilar va ayni damda Movarounnahr saltanatining oldingi kuch-qudrati qolmaganligini ham yaxshi bilardilar. Ahmadxon hali gʻoʻr, qisqa oʻylaguvchi yigitcha edi. Ammo Xayyom bir zamonlar dunyoga ilkini choʻzgan qoraxoniylar sulolasining shon-shavkatini, aqlu zakosini yaxshi bilardi...

Sulton koʻklamda boshlanajak Movarounnahr yurishiga tadorik koʻrish haqida farmon bergach, mashvarat yakun topdi.

Qazviniy huzuri muborakdan chiqarkan, muhtasib Badriyni ertaga shahzoda Takash hazratlari huzurida boʻlajak, uning oʻzi aytmoqchi, «muhim suhbat»ga taklif etdi.

4

Ertasi kuni Qazviniy shahzoda Muhammad Takashning saroyiga kirib kelganida (saljuqiy shahzodalar va malikalar oʻzlarining alohida qasr-saroylariga ega edilar.) u oʻz qasrining tomida edi. Shahzodaning fe’li-yu odatlaridan anchagina boxabar boʻlgan amirul shuaro toʻgʻri qasr tomi sari yoʻnaldi.

Takash bolalikdan kabutarboz edi. Qasrining tomi ustiga bir necha qoʻnoqlar oʻrnatilgan boʻlib, ularda hamisha turfa xil kabutarlar tizilib turar, bir qismi esa osmoni falakda charx urardi. Uning yuzdan ziyod kabutarlari bor edi. Hozir ham osmonda bir gala kabutarlar uchib yurar, yumshoq oromkursida par bolishlarga suyanib, yonboshlab kuzning iliq va yoqimli oftobiga toblanib oʻtirgan shahzoda Takash ulardan koʻzini uzolmas, goh qars urib, goh qiyqirib, hurkitar, taqi chiroyliroq raqs etmoqqa undardi. Ayni damda u dunyodagi jamiki narsalarni birin-ketin kashf etib, hayratga tushayotgan ma’sum goʻdak monand ediki, qanotli goʻzal mahluqlarning harakatlaridan zavqu shavqqa toʻlib, sakrab yuborguday boʻlardi. Unga sayin qanot qoqqanida bir parcha nur misol koʻringuvchi kabutarlar tobora yuksalib borardi. (Uning xush odati xizmatkorlari uchun ham nafli edi. Ular kabutarlarning goʻngini koʻnchilarga pinhona pullardilar. Kabutar goʻngi teri oshlashda juda naf keltirarkan.)

Sultondan bir yoshgagina kichik boʻlgan Takash uning ona boshqa inisi edi. U ozgʻin, novcha boʻlib, koʻzlari chinakam sahroyilarga xos qisiq, burni katta, yonoqlari boʻrtgan, to tabassum qilmaguncha kishini oʻzidan nari surib turguvchi qiyofali inson edi. Buning ustiga u juda kam kular, yuzi hozirgidek kabutarga oshno damlarda koʻproq yorishardi.

Qazviniy xushomadga uygʻun ta’zim ila unga yaqinlashdi. Shahzodaning kabutarlar parvozidan sirayam koʻz olgisi yoʻq edi. Shuning uchun avvaliga shoirni xushlamayroq kutib oldi va soʻng kechagi kelishuvlari yodiga tushdi shekilli, zoʻraki mulozamat koʻrsatdi.

-Ajab toza koʻnglingiz bor-da, shahzodam,-dedi Qazviniy Takash koʻrsatgan oʻrindliqqa oʻltirarkan, xushomadgoʻylarcha bidillab. -Doʻstlaringiz parvozidan hamisha shodlanasiz. -Uning pachoq basharasi Takashning choʻziq yuzi qarshisida ayanchli darajada kichik koʻrinib, amomasining ostida qolib ketgandek tuyulardi.

Qazviniyning tagdor gapi shahzodaga ma’qul tushib, xiyol jilmaydi.

-Muhtasib koʻrinmaydilar, shoir?-deya soʻradi u Qavviniyga bir yoʻla oʻgrilib.

-U yuraksiz taka soqoldin ne naf, shahzodam. Baribir biron korga yaramaydur!

Xizmatkor iliq gulob keltirdi.

Ichdilar.

-Ja’farak tufayli sultonimiz battol vaziridan yuz oʻgirdilar. Oʻzini qoʻyarga joy topolmay yuradur qanjiq sak. -Qazviniy Chuchukning vaziri a’zam haqidagi payroviga ishora qilib, xiringladi. -Aslida rahmatli Ibn Bahmanyor solgan ogʻudan oʻlib keta qolgani durust edi. Endi hali farzand dogʻini ham tortmasaydi. -U Ja’farak Chuchuk uchun sultonning albatta oʻch olishini nazarda tutayotgandi.

Takashning yuzi taqi yoqimsiz ahvolga keldi.

-Ha, Ibn Bahmanyor mardona turdi. Ammo baribir zindonbonga aqcha berib, azobini yengillashtirmaganimizda oxirigacha bardosh qilolmasdi. Bizni ham oyogʻimizdan tortardi. -Takash biroz jim turgach, qoʻshib qoʻydi.- Minba’d bu yuraksizlikdan emasdurki, hali istiqbolimizda buyuk ishlar turibdur. Alarni roʻyobga chiqarmogʻimiz uchun ham biz yashamogʻimiz darkor.

-Toʻgʻri aytasiz, shahzodam. Sultonlik asli sizga yarashiqli. -Qazviniy ovozini pasaytirib, hech kim yoʻqligini bilsa ham u yon-bu yoniga qarab oldi.- Endi anovi xudosiz mayparstni daf qilsak, murodimiz ikki hissa hosil boʻlgʻay.

-Ha, u majusiyparast ham sultonning ishonchiga kirib oldi. -Takash taqi bir toʻxtaldi.- Biz ana shu ishonch chirogʻini soʻndirmogʻimiz lozim.

Qazviniy darrov gapni ilib ketdi:

-Uning dushmani oʻz she’rlari. Ular she’r emas, la’inning nayranglari. Taqi u bu she’rlarini, - u ma’noli jilmaydi, -malikamizga oʻqib, koʻngilxushlik qiladur. Sultonimizga yetkazsak kifoya, shahzodam.

Takash jim qolib, barmogʻidagi zabarjad (och pista rang qimmatbaho tosh) koʻzli uzugini boshqa ilkining uzun barmoqlari ila oʻynab, unga tikildi.

Shoirlar amiri paytdan foydalanib, taqi xushomad otiga qamchi bosdi:

-Bu barmoqlarga sultonning muhrli uzugi yarashadur, shahzodam!

Takash yalt etib unga qaradi-da, mamnun jilmaydi va dedi:

-Sultonimiz koʻklamda Movarounnahr ustiga qoʻshin tortmoqliklarini aytdilarmi?..

Qazviniy unga savol nazari ila tikilarkan, «shunday» dedi sekingina.

Takash uni yaqinroq kelishga undadi va pichirlab muhim bir rejasini tushuntira boshladi...

Uchinchi bob

1

Umar Xayyom bu kech ijod ila mashgʻul edi. Bir zamon uning oshyonasi ostonasida Mikoil paydo boʻlib, odob yuzasidan tomoq qirdi-da, shoir ishdan bosh koʻtarib, u tomon qaragach, kirmoqqa ijozat soʻradi. Xayyomning oʻychan nigohi unda boʻlgani holda xayoli yozayotgan asari ila band edi. Shuning uchun ostonada turgan Mikoilning muddaosini anglayolmay bir muddat unga soʻzsiz tikilib qoldi. Nihoyat shuurida qatlangan fikrlar bir yonga surilib, roʻbaroʻsidagi kishining nimadir demoqchi ekanligini ilgʻadi. Ilgʻadi-yu vujudida ojiz bir itob uygʻonganini koʻzlari oshkor etdi va Mikoilga «kel» dedi xushlamaygina. Uning fe’lida qoʻrslik, hatto haqgoʻylik ortidan vujudga kelguvchi xiyol dolozorlik mavjud edi va ayniqsa, uni suyukli mashgʻulotidan chalgʻitsalar, ilhomiga darz solsalar toqat qilolmasdi. Mikoil xojasining bu fe’lini har tugul yaxshi bilardi. Ayni damdagi harakatlari esa chorasizlik tufayli paydo boʻlgan shoshqaloqlikning mahsuli ediki, bu suyukli sohibiga biroz erkalanish hissiga ham qorishib ketgandi.

Xayyom unga qovoq uygancha «oʻtir» deganday ishora qildi.

-Ne muddaoing bor? -deya soʻradi shoir, u roʻbaroʻsiga oʻtirgach, yer ostidan.

Mikoil xojasining xushlamaganligidan esankirab, kalovlanib qoldi:

-Afu etgaysiz, xojam... Men...

-Ogʻzingga chandir solganmisen, nechuk buncha chaynalasen?! -Xayyom xizmatkorini dadillikka undadi.

-Avval ham bir oʻtinchimni aytib erdim, hojam...

Esladi - u sevgilisi Layli haqida gapirgandi. Agar malikadan ruxsat olib bersa, Xayyomning oq fotihasi ila unga uylanmoqchi ekanligini aytgandi. Nechuk uning bu oʻtinchini faromush qildiykin? Ha, bir-ikki bor malikaga roʻbaroʻ kelganida tilining uchiga ham kelgandi, biroq Turkon Xotundan qarzdor boʻlishlik hissi ustun kelib, tiliga bogʻich solgandi. Keyin esa unutibdi. Qolaversa, u hukmdorlar ila muloqotda boʻlaverib pishib ketgan, ularning huzurida soʻz aytganda xushyorlik lozimligini juda yaxshi tushunib qolgan edi. Bu borada yetti oʻlchab, bir kesgan ma’qul. Bu dunyo, saroylar uning qalb atalmish hur saltanati emaski, istagan soʻzini aytib, istagan falsafasini, fikrini toʻkib solsa. Yoʻq, ularning saltanati uning qalb mamlakati hoqoniga boʻyin egmaydi. Ularning oʻz qonun-qoidalari, toshu torozulari va hatto oʻz shariatlari bor. Shul andishalar bois uning iltimosi xayolidan faromush boʻlibdi.

-Yodimda,-dedi mudom toʻng ovozda soʻzlayotgan Xayyom. -Fursat kelganda ayturmen malikamizga. Nechuk buncha oshiqursen?

Mikoil xijolat tortib, bosh egdi va xazin bir ovozda dedi:

-Oshiqmoqligim boisi, Layli bisyor aziyatda qolmish, xojam. Malika saroyidagi mojarolardin...

-Bas! -Xayyom Mikoilning gapini keskin boʻldi. - Hasrating ikki dasturxondin osharkan-ku, ey, ayiqboz. Senga ijozat, boraqol!

Mikoil itoatkorona bosh egib, oʻrnidan turdi va eshik tomon yoʻnaldi.

Xayyomning bagʻrini nimadir tirnaganday boʻldi. Hozir u oʻzining fikr olamidan qaytib, shuuri dunyoviy tashvishlar qurshoviga tushmoqda edi. Bunchalar dilozorlik nechun? Nahotki bir shirin soʻzga yaramasa?!

Mikoil ostona xatlayotganda uni toʻxtatdi:

-Menga qara, Mikoil.

Yigit toʻxtab, ortiga oʻgrildi.

-Polvoning oʻzga bir ovozda oʻkiradurgʻon boʻlib qolmadimi? Hatto koʻzlari ham bejo boqadur?- Xayyom kuldi. -Yoki u ham sohibi kabi ishq dardiga mubtalomi?

Mikoil jilmaydi.

-Men sezganim yoʻq, xojam.

-E’tibor qilchi, balki sezarsen...

U chiqib ketdi. Xayyom uning koʻngil xiraligini biroz yorita olganidan taskinlanib, ijodga qaytmoq ilinjida qogʻoz uzra oʻgirildi. Biroq endi ijod zavqi soʻngandi, boshidagi fikrlar tirqirab ketgandi. Shuning uchun xafsalasi pir boʻlib, taqi Mikoilni esladi. Filhaqiqat, uning ayigʻi oʻzga bir atvorga kelmish. Uni koʻrib, bir paytlar ayiqlar haqida eshitgan gapi yodiga tushdi. Aytishlaricha, tutqun ayiqlar umr intihosida oʻz sohibini halok etarmish. Buni bilganlar aytib erdi. Polvonning fe’lidagi oʻzgarishni payqab, goho Mikoilning taqdiridan xiyol xavotirga tushib yurguvchi edi. Mana endi oʻsha xavotirni andak oshkor etgan boʻldi.

Darvoqe, vaziri a’zam ertaga Nizomiyaga taklif etibdi - talabalarga va’z aytib, saboq berishi lozim emish. Bechora oʻgʻlining qilmishidan andishaga, taqdiridan qoʻrquvga tushganligi rost. Keksayganida bu koʻrgilik unga ogʻirlik qilmogʻi aniq. Avbosh bola-ya! Nahot podshohga hamla qilsang? Axir u hukmdor, soʻzi tugul, bir kiprik qoqmogʻi seni chilparchin qilmogʻi mumkin. Buning ustiga podshohning xeshu yaqinlaringga itobichi? Bularni oʻylamoq uchun aql darkor, bola! Padaringni ne ahvolga solding-a! Endi shoʻrlik talabalar ila muloqot qilib ovunmoqchi shekilli. Ha, vaziri a’zam talabalarga saboq bermoqni, va’z aytmoqlikni xush koʻrardi. Shul bois u Nizomiyaga koʻp kelardi. Xayyom esa uning aksi-tabiatan kamgap boʻlganligidan har turfa jamoatlardan oʻzini olib qochar, ilmi toliblargʻa va’z aytmoqni ham yoqtirmasdi. Ehtimol u madrasa talabalari baribir meni tushunmaydilar, deya begonasirarmidi yoki ularning tilini topib, diliga yoʻl sololmasligidan xavfsirarmidi, ne boʻlganda ham u madrasa ostonasiga kam qadam qoʻyardi. Uning fe’li shunday edi. Yoʻq, aslida undayin ham emasdi, mabodo qulfi dili ochilsa, roʻbaroʻsidagi kishilarning koʻzlari uning suhbatini anglayotgan yangligʻ tashna boqayotganliklarini payqasa, chunonam soʻzlardiki, oʻzini unutib qoʻyardi. Ayniqsa, uning oʻzigagina xos boʻlgan mastona bir ilohiy jazba holatida she’r oʻqiganida butkul boshqa odamga aylanardi. Ming afsuski, uni oʻqib tinglaguvchilar va anglaguvchilar ozchilik edilar.

Kanizak Parmuda ohista qadamlar ila kirib, ilkidagi koʻraga (may idishi) va sopol piyolani xontaxtaning bir burchagiga qoʻydi. Unda Xayyomning oʻzi tayyorlab bergan giyohlar damlamasi bor edi. Shoir undan issiq-issiq ichmoqlikni xush koʻrardi. Bundan juda yaxshi boxabar boʻlgan kanizak uning koʻnglini olmoq istagida edi. Biroq Xayyom hozir xayollaridan ayru tushmoqni istamasdi, shuning uchun kanizakning bemavrid kirib kelishi dilida gʻashlik uygʻotdi. Zimdan unga boqarkan, hamisha goʻzal koʻringan va aslida ham sohibjamol boʻlgan Parmuda koʻz oʻngida badqiyofali bir kimsaga mengzadi. Buncha xunuk boʻlmasa-ya bu kanizak! Avval koʻzim qayoqdaydi? Fahmu farosati ham hamin qdar, aksi boʻlsa, ayni xayol ummoniga gʻarq boʻlganida kirib kelarmidi... Bas! Biron gulyuzni topib, uylanganim boʻlsin. Balki shunda bul kabi xayolkushlardin yiroq tushurmen!.. Mana shu noxush va shuningdek, uning uchun gʻayrishuuriy boʻlgan oʻylar asnosida koʻz oʻngida Maryamning goʻzal siymosi vujudga keldi. Parmuda va xonadagi nimqorongʻulik undan uzoqlashdi, qalbiga oydinlik indi. Maryam juda goʻzal edi va taralayotgan nurga qorishib ketganday koʻrinardi. Hozir u ham ana oʻsha nurga singib borardi...

Parmuda shoirning yuzidagi ma’noni anglayolmay, indamay qaytib chiqib ketdi.

Maryam hozir ne qilayotir ekan? Tez-tez hastalanguvchi otasining koʻnglini ovlamoq ila bandmikin? Yo bu kabi u ham xayol ogʻushidamikin?.. Buloq boshidagi onlarni eslarmikin?!.. Xayyomning vujudi otashlana boshladi. Uning tanasi oppoq, qahrabo yangligʻ edi. Sochi, qoshu kipriklari tim qora, goʻyo qora tusli alanga lovullayotganga oʻxshardi. Lablari pushti, silliq, ulardan buloq suvining boʻyi keladi. Labining oʻng kunjida lablariga uygʻun holda hamisha titrab turguvchi xoli bor. Oh, bu xol ostidagi qimtilgan ma’vodan dimoqqa urilguvchi xushboʻy ta’m! Jonni nisor etsa arzir ul boʻyga!..

Kimdir tomoq qirdi.

Xayyom olis-olislardan qaytganday boʻldi. Qarshisida xiyol bukchaygancha turgan Rindoniy kirmoqqa ijozat soʻramoqda edi. Taqi uning manglayi tirishdi, bagʻridan bemisl bir na’ra otilmoqqa shaylandi.

-Oromingizni buzdim, chogʻi, xojam? -dedi kulrang tusga kirgan soqol-moʻylabidan may hidi anqigan Rindoniy andak xijolat tortib.

Xayyom oshkora zarda ila dedi:

-Oromimni emas, beoromligʻimni buzdingiz, ey, Rind.

Keksa farrosh ne qilarini bilmay, mulzam boʻlib qoldi.

Shoirning esa mudom zardasi qaynardi:

-Menga gʻayri kengash tuzganmisizlarki, bu kech aslo oʻz holimga qoʻymagʻaysizlar!

Rindoniy ta’zim ila tezroq juftakni rostlamoqqa shaylandi.

Xayyom sadoqatli va ayni shuningdek, darvesh koʻngilli kishisini ranjitib qoʻyishi mumkinligini darhol fahmladi, fahmladi-yu qon tomirlari uzra barq urgan bir nimarsa lahzadayoq butun vujudini kezinib, shuuriga sanchildi.

-Ne yumushingiz bor edi, ey, Rind? -dedi ostonadan gʻoyib boʻlayozgan farroshni toʻxtatib.

U ortiga qayrildi va shoirning nigohidagi qaytishni sezib, xiyol jilmaydi:

-Toʻfon tindimi, xojam?

Xayyom avvaliga uning soʻzini anglamadi va birdan parishon koʻzlarida tabassum porladi.

-Inshoolloh, tindi.-dedi va Rindoniyni oʻtirishga undadi. -Muddaoni ayting, taqsir.

-Xoʻp boʻladi, xojam.-Farrosh birrov taraddudlanib oldi-da, soʻzida davom etdi, -Rasadxonamizning tabboxi anchadan beri hastalanib yurib edi, xabaringiz bor. Bu kun butkul holdan toyib, yotib qolibdi. Ahvoli ancha mushkul, xojam. Shul vajhdan, oshpazlikni oʻzim evlab tusammikin, deb kelib edim. Sizning ijozatingiz ila, albatta.

Xayyom biroz jim turdi-da, dedi:

-Ijozat. Erta oqshom chogʻi tabboh holidin xabar olgʻaymiz. Bechora qizi Rayhona yoʻqolganidan soʻng oʻnglanolmadi. Shul ayriliq dardi yiqadi (yiqitadi) shekilli uni. -Uning nigohida taqi parishonlik zuhur eta boshladi.

Buni payqagan Rindoniy suhbat poyoniga yetganini fahmladi-da, bir ishorat ila ijozat soʻrab, chiqib ketdi.

Xayyomning tafakkur boʻstonida fikr giyohi unmoqda edi. U oʻzining boshidan shu soʻnggi soatlarda oʻtkazgan kechmishlarini oʻylab, taftish qilar va oʻzicha ulugʻ bir kashfiyot yasardi: demakki odam bolasining erki, koʻngil hurligiga qanchalar dahl qilinsa, u shunchalar zulmkor boʻlar ekan. Demak, inson tuygʻularini hadlashga sa’y etmoq yovuzlikdir. Yo, Olloh! Uning oʻzi shu oʻtgan qisqa fursat mobaynida oʻz erki, koʻngil maylining hurligi deya necha dilga ozor bermadi axir!..

U ilkiga xomani olib, oldidagi qogʻozning bir chetiga yozib qoʻydi: «Butkul hur boʻlmoqlik yovuzlikka aksil buyuk isyondir».

2

Nizom ul Mulk joriy etgan Nizomiya madrasalarida saboqlar juda erkin tarzda berilardi. Ilmu fanga sulton hazratlarining ham, vaziri a’zamning ham xayrixohliklari borligi bois ushbu ilm maskanlarida inson tafakkurining durlari «bu Islomiy, bu noislomiy» deya ajratilmasdi. Shu sababli ham ilmi toliblar Paygʻambar alayhissalomning «Hatto Chindan boʻlsa ham borib ilm oʻrganing», degan hadisi sharifini oʻz suluklariga charogʻ qilib olmishdilar. Vaziri a’zamning murodiga binoan davlat mahkamalarida ham ishlashlari koʻzda tutilgan bu talabalar hukm surgan oʻshal eminlik bois hur fikrlarga sohib edilar. Biroq sulton va vaziri a’zamning amrlari ila hufiyalar hamma joylarda izgʻib, payqaganki shubhali gap-soʻzlarni saroyga yetkazib turardilar. Bundan Xayyom ham juda yaxshi boxabar edi.

Vaziri a’zam oʻtkir voiz edi va ilmi toliblar shuning uchun ham uni xush koʻrardilar. Avvalo u oliy martabali amaldor boʻlganligi, hamki va’zlari ta’sirli hamda chuqur bilimga asoslanganligi bois va nihoyat ba’zi talabalar esa uning nazariga tushmoq ilinjida saboqlarni qoldirmaslikka urinardilar. Vazir saboq bermoqlikni yoqtirar, yosh-yosh yigitchalarning chaqnoq nigohlari, ilmga tashnaliklari uning zavqini keltirardi. Qalbiga mahzunlik choʻkib, anduh bossa, jismu joniga dunyo tor kelsa, madrasaga oshiqardi. Talabalar ila muloqot va uzoq vaqt berilib qilingan va’zxonlikdan soʻng yengil tortardi, koʻngli yorishardi. Madrasa saboqlari uning dil dardiga malhamu shifo yangligʻ edi.

Bu kun Nizomiyaga vaziri a’zam ila amirul fuzalo Umar Xayyom ham kelganligidan xabar topgan ilmi toliblar ikki karra xushnud boʻldilar. Madrasada kamnamo boʻlgan shoirning tashrifi, bu yerdagi hurlik bois yoshlik sururiga esh parvozpesha va olis yulduzlarga koʻz tikkan ba’zi daryodil ilmi toliblar uchun, ayniqsa, quvonchli edi. Ular shoir va olim Umar Xayyomning betakror hamda ilhombaxsh fikrlarini tinglashga oshiqardilar.

Saboq mahali vaziri a’zam ham ishtirok etmoqni ixtiyor qildi. Balki u ayni damda bezovta boʻlgan qalbiga halovat, dil yarasiga malham istab shunday qildimi yoxud Xayyomning soʻzlarini tinglagisi keldimi, noayon. Darsxonaga Xayyom ila kirdi-yu bir chetga oʻtib, tolib misol oʻltirib oldi.

Xayyom juda ravon va oddiy tilda ehtirosli soʻzlardi. Goho oʻz soʻziga berilib ketganidan chakka tomirlari boʻrtib, ovozi balandlab ketardi. Lekin hech vaqt duduqlanib yoki gapini yoʻqotib qoʻymasdi, soʻz, fikr tilidan, shuuridan daryoday oqib kelardi.

U soʻzini Mutlaqiyat (Olloh) va inson, ularni anglash, ularning oʻzaro hamda tashqi olam ila munosabatlari xususida gapirmoqdan boshladi. Har bir fikrini faylasufona mushohada qilarkan, Qur’oni karim va Hadisi shariflar ila dalilladi. Nihoyat tabiat haqidagi falsafiy fikrlarini nujum ilmi ila uygʻun etib, kavokibu (yulduzu) sayyoralar va umuman koinot, uning tuzilishi borasida soʻzladi. Uzoq gapirdi. Saboq benihoya ta’sirchan va qiziqarli boʻlganligi tufayli toliblar orasida biron bora bezovtalik yoxud zerikish sezilmadi. Barchalari jon qulogʻi ila tingladilar. Hatto vaziri a’zam ham kiprik qoqmay, hayratini yashirolmay quloq tutdi... Xayyom gapirishdan toʻxtadi. Ana endi darsxonada jonlanish paydo boʻldi va talabalar savol bermoq uchun izn soʻradilar. Ilk savol shoir hech shubhalanmay kutgan mazmunda boʻldi. Uni ozgʻin, rangpar yuzli, ammo koʻzlari chaqnab turguvchi talaba berdi:

-Yulduzlar chindan ham inson taqdiriga dahl qiladilarmi, hazrat?

Odatda bundayin mazmundagi soʻroqqa javob qilgan kishilar koʻpda ulugʻ mushkulotlarga roʻbaroʻ boʻlardilar. Chunki ilmi nujum tili ila gapirilsa, javob albatta Islomga, shariatga zidday tuyulardi. Saljuqiylar saltanatida qanchalar hur-fikr qadr topmasin, dili siyoh, gʻayur koʻngil gʻalamis kimsalar ham mavjud edilar va ular oʻz maqsadlari yoʻlida har nega hoziru qodir turardilar.

Xayyom toʻgʻrisoʻz va ayniqsa ilm bobida hamisha adolatpesha hamda fikr aytmoqlikda botir yurakli edi.

-Siz, mullo yigit, qaysi oyat va hadislarni nazarda tutib, ushbu savolni berayotganligingizni sezib turibmen. Bu savol bani bashar dunyoga kelganidan buyon beriladi va har kim har xil javob aytadi. Bu borada Fir’avnu Homonlar ham, mubodu (zardoʻshtiylarning bosh ruhoniysi) shomonlar ham, shohlaru gadolar ham bosh qotirganlar. Vale aniq va puxta javob mudom yoʻq. Biroq ulugʻ hakimu fuzalolar yulduzlar ila suhbat qurib, qoʻp asrordin voqif boʻlgʻonlar. Huddi shul kabi bu xususda bizning ham oʻz qarashlarimiz bor. Ya’ni odam tanasidagi yurak nima uchun xizmat qiladi? Qonni sovutib, aylantirib bermoq uchun, shundaymi? Yulduzlar esa «yoʻlchilarga yoʻl koʻrsatmoq va osmonga bezak uchun yaratilgan». Shu gapga qanoat hosil qilmoq mumkinmi axir? Tanho buyuk zot shunchalar bemisl hilqatlarni nahotki shuning uchungina yaratgan boʻlsa? Yoʻq, bu Ollohning zotini, sifatlarini kamsitmoq emasmi? Axir qalb ham bor -u Tangrining nazargohi. U qayerda joylashgan? Albatta shuur va yurak oraligʻida. Hamma sir ana oʻsha oraliqda yashiringan.

Tasavvur eting, zaminimiz butun falak (koinot)- kavokibu sayyoralar, koʻzimiz ilgʻaganu ilgʻamagan olamlar ichra bugʻdoy donicha kelguvchi bir vujud. Falak aylanarkan, unga uygʻun tarzda Zamin ham charx uradi. Demak, bir-biriga hamrishta ekanmi? Inson shuuri Zaminga nisbatan jimitdek bir narsa. Lekin u oʻz qa’riga jumla falakni sigʻdira oladi. Ehtimol Olloh taboraka taolo falakning kichik suratini inson shuuriga jo etgandir? Balki shuning uchun u hamisha oʻz asliga- Egasiga talpinib turar!.. -Ayni damda Xayyomning nigohida falak aksi paydo boʻlayotgandek edi. -Va ehtimolki, bizlarni oʻz shuurimiz idora etgani kabi Olloh nomai a’molimiz xaritasini falak qa’rida pinhon etgandir? Falak qa’rida esa yulduzlar jilva qiladir. Haq, falak va inson bir butun, yaxlit va shuningdek, ayrudir...

Aksar talabalarning koʻzlari quyoshday porlab, hayrat ogʻushida shoirga tikilar va uning fikrlari qanotida yuksak-yuksaklarda parvoz etardilar.

Xayyom fikrlar ummonidan chiqay demasdi:

-Hozir qay biringiz ruh haqida soʻraysiz-bu shubhasiz.

Talabalar ichra yengil kulgu koʻtarildi.

-Yulduzlar va falak, inson va ruh haqidagi savollar hamisha baqamti kelurlar. Balki bu savollarning tugʻilmogʻiga azimushsha’n Qur’ondagi «Ey Muhammad, sizdan ruh haqida soʻraydilar, ayting, ruh parvardigori olam amridandur» oyati karimasi bois boʻlgandir. Haq gap-bizlar ruh haqida nihoyatda kam bilimga egamiz, zero ruh Ollohning siridir. Qolaversa, hatto Paygʻambar alayhissalomga ham bundan ortiq soʻzlamaslikka amr etilgan. Biroq aqli ojizimiz imkonida bu borada mushohada etmogʻimiz ham zaruriydir.

Ma’lumingizkim, inson jismi uning qazosidan soʻng xoki turobga aylanadi. Ammo ruhchi? Olloh uni qayerga yoʻllaydi? Suqrot, Aflotunu Pifagʻoruslarning fikricha, inson ruhi avvalda xiyol noqis boʻlur va shul bois ul tandan bul tanga oʻtib, sargardon kezadi. Bu hol to ular komillik maqomiga yetgunlaricha davom etadi va komilikka erishgach, jism, ya’nikim tan ila robitani uzadilar. Insonning ruhi hayvonot, nabotot va hatto sangu turobga ham oʻtmogʻu mumkin. Bu benihoyat ibtidoiy fikr, biroq unda haqiqatdan ulush ham mavjud. Ha, Olloh inson ruhini uning qazosidan soʻng oʻz dargohiga oladi va komillik maqomiga (nomai a’moliga) boqib, koinotning qaysi kunjiga yoʻllashni hal etadi. Buni avom tilida osmon qavatlari deb atash ham mumkin. Komil ruhlar to qiyomatga dovur osmonning ma’lum qavatida halovatda yashaydilar. Boshqalari esa, darajotiga monand makon topadilar. Ularni hayvonu giyohlar, sangu kesaklar ichra ham uchratmoq mumkin. Illo pok ruhlar pok ma’volarda qoʻnim topur, nopoklari esa... Bu narsa ibtidoiy fikrlarda ruhning tandan tanga koʻchmogʻiga nisbat berilgan.

Azali muxtasar soʻzlashga oʻrgangan Xayyom ayni damda soʻzining choʻzilib ketishi haqida mutlaqo oʻylamas, quyilib kelayotgan qatma-qat fikrlaridan zavqlanib, ilhom ogʻushiga shoʻngʻib borardi.

-Ibtido va Intiho xususida ne deysiz, ustoz?-deya savol berdi bir talaba.

-Ibtido va Intihoni anglamoq uchun mangulik ne ekanligini aql mezoniga solmoq lozim. Bani bashar paydo boʻlguncha beadad vaqt daryosi oqib oʻtmish. Har bir odam qazosidan soʻng taqi qancha xadsiz vaqt oqib oʻtgay. Uch oʻlchamli bizning ma’voda jami insoniyatning hayoti mangulik qoshida bir lahza xolos. Biroq inson bir lahzada butun mangulikni his etishi, anglashi mumkin. Ibtido va Intihoni inson anglagan ana oʻsha lahza bogʻlab turadi. Qolgani juda cheksiz-chegarasiz, koʻzu shuur ilgʻamas.

Men aql barkamolligi nuqtai nazaridan qaraganimda, soʻzdan moʻ’tabarroq va kalomdan buyukroq hech narsani topmadim. Chunki undan afzalroq biror narsa boʻlganda edi, Haq taolo Paygʻambar sallallohu alayhi vasallamga oʻsha narsa ila murojaat qilgan boʻlardi. Illo hamma narsa soʻzdan iborat. -Xayyom oʻz kashfiyotidan zavqlandi va dilida uni ehtiros ila qaytarib qoʻydi: «Olamda eng buyuk va moʻ’tabar narsa soʻzdir».

Vaziri a’zam roʻbaroʻsida olamning turfa sinoatlaridan va’z aytayotgan otashnafas shoirga, tagʻinki oʻzi mehr qoʻygan shogirdi qavmidagi sarkash olimga mahliyo boʻlib tikilib qolgandi. U Xayyomning suratu siyratidan ufurib turgan hurlik nafasidan masrur edi va unga benihoya havas qilardi. Sultonning qilgan muomalasidan mudom dilxun yurgan sohib devon oʻz farzandining taqdiri uchun qaygʻurib toliqqandi va bir taskinu andarmonlik ilinjida Xayyomning suhbatini orzulagandi. Har tugul odam taftini odam koʻtarur, degan gap bor. Agar oʻz xonasiga qamalib olib, ming bir Gʻylar girdobida qolsa, keksa yuragiga zil kelmoqi aniq. Gʻam-anduh kshini aqlu shuuridan mosuvo kelmogʻi ham hech gap emas. Ustiga ustak dilni vahm ofati ishgʻol etur. Aslida-ku biron tashvish borasida uzoq qaygʻurish uning hoʻyiga (fe’liga) muxolif edi, ya’ni yaratuvchiga tavakkul qilmoqni bilardi. Biroq banda baribir banda ekan-da, balki oʻz joni uning koʻziga ilgʻanmas, vale belidan boʻlgʻonining qismati jigarini pora qilaverarkan. Vaziri a’zam ana shu oʻyu xayollardan yiroq tushmoq istadi va ayni damda oʻz muddaosiga yetishgandi, ya’ni u Xayyomning tugʻyonli olamiga havasu xayrixohlik ila kirib bormoqda edi.

Abul Fath Umar esa esa mudom soʻzlardi, ilm ishqi haqida ehtiros ila gapirardi:

-Ilmda fidolik lozim, aksi oʻlsa, kishi noʻnoq bir muxlisga aylanajak. Ilm olmoq-bu umidvorlik, vuslati (visoli) nasiya boʻlgan oshiqlik. Agar ilmga butun vujud, qalb va shuurning gavhari baxshida etilmasa, beadad sa’y puchdir. Eslang, aziz ilm oshnolari: yamanlik Uvays Qaroniy Hazrati Risolat sallallohu alayhi vassallamni koʻrmagan edilar. Biroq har nafasi ul zotning ishqi ila yoʻgʻrilgan edi. Mabodo vasliga oshiqsa, uyda keksa va koʻzi ojiz volidasi borki, tarki xona etsa, sunnatga xilof boʻlur. U kunu tunlarni bedor oʻtkazdi, mujgonlari (kipriklari) bir-birlarining vaslini sogʻindilar. Ashklari liboslarini nam etdi. Hazrati Uvays faqat va faqat Paygʻambar alayhissalomni sogʻinib yashadilar. Nihoyat u ulugʻ ajrga, buyuk bir maqomga erishdi. Hotamul anbiyo ham gʻayb kuchi ila ul zot haqida bilardilar va ashobga aytardilarki, «Yamandin bir Olloh oshigʻining isi keladur», deb. Uqboga rixlatlari arafasida esa Hazrati Umar va Hazrati Alini, Olloh ulardan rozi boʻlgʻay, huzuriga chorlab, muraqqa’larini (kiyimlarini) berdilar-da, «Uvaysga ayting, ushbuni kiysin-da, ummatimni duo qilsin», dedilar. -Xayyomning vujudi yonib, ovozi xirillab, koʻzlari yoshlarga toʻlmoqda edi. -Ular muborak muraqqa’ni eltdilar!.. Vohki, ahli ummat, ayting, bundin ortuq ehtirom, sazovorlik boʻlurmi?! Uvays ne-ne ulugʻlar orzulab yetolmagan qutlugʻ visolga erishmadilarmi?.. Va Paygʻambar alayhissalom oxiratda Uvaysga berilajak ulugʻ ajrlar haqida ham bashorat etdilar...

Ba’zi talabalarning koʻzlarida yosh aylandi. Hatto, asli koʻngli toʻlib turganmidi yohud chindan-da shoirning soʻzlaridan mutaassir boʻldimi, vaziri a’zamning koʻzlari ham yoshga toʻldi.

Xayyom esa hozir oʻzini taniyolmasdi...

Shoirning vaziri a’zam ila muloqoti mudarrisxonada davom etdi.

Avvalo Xayyom valine’matining soʻlgʻin va zabun ahvolini koʻrib oʻkindi:

-Ahvolingiz durustmi, hazrati oliylari?-deya soʻradi farzandlarcha gʻamxoʻrlik ila.

Nizom ul Mulk ham buni payqadi va mutaassir boʻldi.

-Shukur!.. Rasadxonada ahvol nechuk? Dargohi oliydin biron koʻngilsizlik yetmadimi?

-Yoʻq, ustoz. Barcha yumushlarimiz oʻz xaylida bormoqda.

Shoirning «ustoz» deyishi ham vaziri a’zamga juda-juda xush yoqdi, chunki u soʻnggi kunlarda tobora koʻngilchanu ta’sirchan boʻlib bormoqda edi.

-Endi men ila kamroq muloqotda boʻlmoqlik payida boʻlgʻil. -U shoirning yuzida paydo boʻlayotgan ranjish alomatini sezib, izoh berdi. -Ranjida boʻlmogʻing oʻrinsiz. Illo bu ikkimiz uchun ham va hatto rasadxona uchun ham naflidir. Sultonimiz avbosh farzand tufayli menga nisbatan gʻazabdalar. Bu gʻanimlarimiz uchun ayni fursatdir va ular tezkor sa’y etajaklar. Ilohi, senga shikast yetmasin!- vaziri a’zam jim qolarkan, yuzida oʻychanlik zuhur etdi. -Mening xavfim Qazviniy va valiahd Takashdin. Alardin voqif va ehtiyot boʻlgʻaysen. Endi senga ziyon yetkazmoqqa boshlagʻaylar.

Xayyom vaziri a’zamning soʻzlarini tinglarkan, shikorda roʻy bergan lochin voqeasi koʻz oʻngida namoyon boʻldi. Oʻshanda Sultonning lochinlaridan biri oʻljani tutib, vahshat ila qiyqirganicha ortiga qaytgan edi. Bu saltanatda tanazzul, qoʻshinda gʻalayon boʻlmogʻidan dalolat edi. Nahotki shu qiyoslar va inson yoxud saltanat taqdirining bir mahluq harakatu xoʻylariga bogʻliqligi rost boʻlsa? Nahotki shundayin ulugʻ saltanatdin ham fayz yuz burib, unga ziyon yetsa va yoki sultonu vaziri a’zamning azaldin eshu yovuqligidin-da barakot ketsa? Yo alhazarki, shuhrati magʻribu mashriqqa yoyilmish vaziri a’zam Nizom ul Mulkdayin donishmand zot mana bu kabi zabun ahvolga tushsa-ya! Axir u qandayin sohibi iroda, viqorli va hatto gohida kibru havoli ilgi daroz (uzun) kishi emasmidi. Endi esa tojdorning birgina ishoratidan soʻngra mungʻayib qolibdi. Aslida ham unga ogʻir edi, zero u oʻz jonidan koʻra koʻproq farzandining qismatini oʻylab yonmoqda edi.

-Yomonlarning yomonligi Olloh taoloning sinovidir, hazratim. -dedi Xayyom taskin ohangida, -Alardin himoyat etguvchi ham uning oʻzidir. -Shoir bu gapni aytishga aytadi-yu shuurida galdagi osiyona fikr barq urdi: yomonlikni oʻzi yoʻllasa-da, taqi oʻzi undan himoyat etsa. Agar oʻtrusida (qarshisida) dilxun valine’mati boʻlmaganida hozir ushbu mazmunda ruboiy aytmogʻi tayin edi.

-Malika va shahzodalar ila muloqotda ham xushyor boʻlgʻil.-dedi vaziri a’zam koʻzlari mudom oʻychan boqarkan.

Xayyom endi Mikoilning oʻtinchini esladi-bu xavfu xatar va hatto vahima ichra malika Turkon Xotunga bir soʻz aytmoq ham dushvor.

Alarning suhbati bundin ortiq mavzuda qovushmadi va shu asno xoʻshlashdilar.

Oradan ikki kun oʻtib, farzand dogʻi ado qilgan rasadxona sohibi matbahi ham olamdan oʻtdi. Xayyom peshvo ahli rasadxona uni bir moʻminga munosib izzat-ikrom ila qabrga topshirdilar va aza ochib, xudoyi bagʻishladilar.

Buyoqda Qazviniyning Muhammad Takashga aytgan gapi toʻgʻri chiqdi -oradan ikki oy oʻtib, sulton Malikshoh vaziri a’zamga qoʻshilib, uning oʻgʻli uchun aza ochdi.

Toʻrtinchi bob

1

Xayyom vaziri a’zam ila kechgan oʻshal suhbatdan soʻng rasadxonani qariyb tark etmay qoʻydi. Hatto ijodu yulduzlardan-da koʻngli sovuganday boʻlib, bagʻridagi she’r ishqi ham soʻnayozdi. Koʻp fursatni oʻz oshyonasida tanholikda, sajjoda uzra oʻtkazmoqlikni odat qildi. Ayniqsa, tunlarini ibodatda bedor oʻtkazib, hamisha zikrulloh ila mashgʻul boʻlardi. Uning dil mayli shundayin evrilgandi-oʻzi ham hayratda ediki, ilki mayga yovuq kelmasdi. Uning bu kechmishi qoshida she’ru may sogʻinchi va hatto yor sogʻinchi ham hechu abas edi.

Oʻzidagi bu oʻzgarish tufaylimi yoxud avvaldan maqsadi bormidi, kanizak Parmudani ham oʻzidan yiroqlashtirdi. Onasi ila singlisi otasining qabrini gʻarib holda tashlab, Nishopurdan Isfahonga kelmoqlikni istashmagach, alarga taqi aqcha yoʻllab, kanizakni shahardagi uyiga koʻchirdi. Uy kimsasiz qolayotganligini bahona qildi.

U Mikoilga ham Layli ila diydorlashmoqni ta’qiq etdi, ammo sangtaroshga bu amrining boisini oshkor qilmadi. Shoʻrlik yigit ilojsiz bir ahvolda boʻyin egmoqqa majbur boʻldi.

Biroq Xayyom goh-gohida oʻz xohish-irodasiga aksil tarzda malika Turkon Xotun saroyiga qatnar, malikaning xohishiga binoan shahzoda Mvhmudning tarbiyasi ila band edi. Shunday kunlarda istasa-istamasa Turkon Xotun ila roʻbaroʻ kelar va uning yuho koʻzlariga bardosh bermoqqa majbur boʻlardi. Malika vujudidagi shayton tillaridan yaralmish olov kamida undan she’r oʻtinar va goho ana shu oʻtinchlari asnosida oʻzi shoirning oʻtligʻ satrlaridan oʻqiy boshlardi. Xayyom uning muddaosini anglab tursa-da, oʻzini beparvo va bexabar tutmoqqa urinardi. Balki u umr yoʻlining ayni bekatida gʻalayonu firib boshlagan shaytonu jinlar domidan omon chiqmoqlik uchun ham ibodatga shoʻngʻiganday tuyulardi...

Shahzoda Mahmud chechak dardiga yoʻliqdi. Mana ikki haftadirki Xayyom uning muolajasi ila mashgʻul. Har kuni malika qasriga qatnaydi.

Bu yilgi qish qattiq keldi. Hatto zaminu devorlar yaxladi, chunki izgʻirin shamol yoʻllar va devorlar yuziga suykalib esadi. Uning ta’sirida badanlar zirqiraydi... Xayyom issiq kiyinib, taqi malika saroyiga joʻnadi. Shahzodaning sihati ancha durust boʻlib qolgandi. Shul bois shoir uning holidan boxabar boʻliboq malikaning koʻziga yoʻliqmay, zudlikda ortiga qaytmoqchi boʻldi. U goho hayron boʻlardi- sultonu shahzoda va malikalarning saroylarida tabiblar behisob hamda ularning oralarida oʻlikni tiriltirmoqdin oʻzga barcha yumushlarga qodirlari ham bor edi. Lekin negadir sohibi saroylarning koʻplari Xayyomga mayl qilardilarki, u oʻz nazdida, riyozatchi olim, zakiy munajjim va sarkash shoirligi qolib, tabibga aylanib borayotganga oʻxshardi. Ha, u ibn Sinoni suyardi, uning «Al Qonun»ini yod bilardi, ar Roziyni mutolaa etmoqlikdan tolmasdi, biroq tabiblikni kasb qilib olmoqlikni istamasdi. Hozirgi urinishlari esa tojdorlarning ixtiyori tufayli edi.

Xayyom muddaosiga yetolmadi-shahzoda Mahmud huzuridan chiqay deb turganida Turkon Xotun kanizak yuborib, uni oʻz huzuriga chorladi. Shoir ixtiyorsiz ravishda bu amrga boʻyin egmoqqa majbur boʻldi. U xosxonaga kirib borganida malika keng oromkursida yastangancha yal-yal yonib oʻltirardi. Uning yuzidagi ajib qizillik har ne mardning (erkakning) yuragiga gʻulu solgulik edi. Xona ancha iliq edi va shunga qaramay, chamasi, malika may noʻsh aylagan ediki, uning yuzidagi qizillik, koʻzidagi suziklik boisi ham ayni shu edi. Qolaversa, mayi xosda sovuqni kesmoqlik sifati ham bor.

Turkon Xotun shoirni oʻrnidan turib qarshi oldi va oʻziga yaqin turgan kursiga taklif etdi.

-Shahzodamizning sihatlari nechuk?-soʻradi u va uning soʻz ohangida «Bilib qoʻy, shahzoda taxtning yagona merosxoʻridir», degan jizzakilikdan paydo boʻlguvchi ma’no ham bor edi.

-Inshoolloh, shahzoda sogʻayib qoldilar. -Xayyom shunday deya shahzodaning muolajasi endi qanday davom etishi xususida muxtasar soʻzlab oʻtdi.

Malika oʻgʻlining ahvolidan juda yaxshi ogoh edi, bu gaplari esa shunchaki suhbat avvalining odatiy jimjimalari edi. Aslida uning muddaosi oʻzga ediki, har uchrashuvdagi sa’yi oʻshal sari yoʻnalardi.

Turkon Xotun joduli nigohini shoirga qattiq qadadi-da, oʻtligʻ jilmaydi.

-Bizlarni nazmingizni tinglamoqqa munosib koʻrmayotirsiz, muhtaram shoir.-dedi u Xayyomning yashirinishga chogʻlangan koʻzlarini ta’qib etib.-Bizning ta’bi nazmimizga shubha qilsangiz ham she’rlaringizga oshiqligimiz chindur.

Shoir yengil ta’zim qildi-da, hukmdorlar xush koʻrguvchi soxta xushomadga oʻtdi:

-Yoʻq, aksincha, she’rlarimning sizning e’tiboringizga munosib emasligi rost, malikam.

Movarounnahr malikasi mamnun va kibrli qiyofada bosh silkidi.

-Janobimizni yoʻqlamoqdin murodimiz shulki, ruboiylaringizni usta bir xattot ilkida kitobot etsak - bu koʻplab muxlislaringiz kabi biz uchun ham ayni muddao boʻlur edi.

Xayyom bu haqda sira oʻylab koʻrmagan edi va uning she’rga oshnoligʻi ham koʻngli, aniqrogʻi, oʻzi uchun edi. U toʻrtgina satrdan iborat ruboiylarini qalbi tugʻyonga kelganda, ilm zahmatidan toliqib, oʻzga mashgʻulot istaganda va yoki dili ozurda boʻlganida sahfalar chetiga yozib qoʻyardi xolos. Ularni kitobot etmoq tugul birov oʻqimogʻi xususida ham mutlaqo xayol qilmasdi.

-Men bu haqda aslo oʻylamagandim. Qolaversa, nazmim kitobotga arzirli adadda emas. -dedi u malikani ranjitishdan saqlanishga urinib.

Turkon Xotun ketishga ijozat bergach, shoir xosxonadan oʻychan qiyofada chiqarkan, boʻsagʻada kanizak Layliga roʻbaroʻ keldi. U gʻamgin va hatto iltijoli nigoh tashladi, soʻng ovozsiz ta’zim qildi-yu yogʻligʻini koʻzlari sari tortib, shoshila-shoshila nari ketdi. Xayyomning koʻngli bir ahvol boʻlib, koʻksining bir cheti achishdi. Bu kun mening kunim ermas koʻrinadur, deya oʻyladi qasrdan chiqishga chogʻlanib, faqat ozori dillar ta’qib etadur meni! Yaxshiki, Mikoilni rasadxonada qoldiribman, aks holda... Voh, yulduzlar ayni kunlarda bizlardin yuz burib, oʻzga burjlarni koʻzlaydur chogʻi. Soʻng darrov oʻziga tanbeh berdi: bir hasta dilga koʻmak ilkingni uzatolmasang ham munajjimlik qiladursan-a, ey, chodirdoʻzning oʻgʻli! Koʻngling zimiston esa, yulduzlarda ne ayb?! Yorugʻlikni Ollohdin tila!.. U alamli bir jilmayib qoʻyarkan, qasr eshigidan kirib kelayotgan Qazviniyga koʻzi tushdi. Hali oʻzining mahzun xayollaridan ayrilib ulgurmay, amirul shuaroning yoqimsiz ovozi qulogʻiga, pachoq yuzi nigohiga botdi.

-Assalomu alaykum, o, fozillar amiri!-deya ilkini koʻksiga qoʻygan Qazviniy soxta tabassum ila ta’zim etdi.

Koʻrishdilar.

-Shahzodamizning ahvoli nechuk? -Asli kasbi goʻng titkilash boʻlgan mahluq najasga belangan biron yemish qidiradi va topsa, uning hididan kishi gul boʻylaridan sarmast boʻlgani yangligʻ sarxushlanadi. Qazviniy ham hozir ayni shu koʻyda edi.

Xayyom xayollar ogʻushidan mudom chiqolmas va boya oʻzi e’tirof etgani ruhiy bedorlik shuurini hamon tark etmagandi. Koʻz oldida xira parda paydo boʻlib, qoramtir dogʻlar yoxud sharpalarmi, gʻimirlardi. Ayni damda uning oʻylari voqelik ila qorishib ketgandek edi. Shuning uchun Qazviniyning soʻrogʻini toʻla anglamasa-da, shahzodaning nomi tilga olinishi hamonoq boshidagi unga bogʻliq fikrlari lisoniga koʻchdi.

-Inshoolloh, shahzodamiz sogʻayib qoldilar. Faqat...

Qazviniy xushyor tortib, quloqlarini ding qildi:

-Xoʻsh-xoʻsh?..

Xayyom esa shunda ham sergak tortmadi.

-Faqat shahzodaning koʻzlarida bir nimarsa borki, kishi koʻngliga vahm solodur...

Najasxoʻr mahluq oʻz murodiga yetdi, «xushboʻy» taomini topdi...

Qazviniy koʻkragini kerib, gʻoz turdi, koʻzlari yovuzona chaqnadi.

-Ha endi, ul zot sultonning zurriyodi-da. Avomdin bir nimasi ortiq boʻlmoqligi aniq. Lekin... -Qazviniy ovozini nasihatomuz ohangga yoʻgʻirdi, -Lekin sizdek odamning sultonzoda haqida bundayin soʻzlarni aytib yurmogʻi...

Xayyom zil ketdi. U shuncha ilmi, qobiliyati ila ham ruhiy takomilga yetmagandi. Shu kunning oʻzida ketma-ket roʻy bergan ruhiy zarbalar uni shoshirib, toliqtirib qoʻygandi va u shuning uchun ham ruh mezonining posangisini faromush ayladi. Boshidagi oʻylarining tiliga koʻchgani dil koʻzining oʻsha onlarda soʻqir qolgʻonidan edi. Aks holda boya koʻz oldidagi xira parda va qoramtir sharpalarni payqaganidayoq sergak tortmogʻi lozim edi.

Qazviniy qasr ichkarisiga yurdi. Xayyom esa undan chiqarkan, nadomatning tirnoqlari bagʻrini timdalay boshladi. Bu soʻzlarni nechun aytdi? Axir Qazviniyning gʻarazli muddaolarini bilardi-ku! Endi esa kech, yoy paykoni otildi, uning kimningdir koʻksini pora etmogʻi aniq. Agar oʻsha koʻkrak sohibi sulton boʻlib chiqsa, ne koʻrgilik! Tojdorlarning, ayniqsa, turkiy sultonlarning fe’lini Abul Fath Umar yaxshi bilardi. Chunki u qoraxoniylar saroyida xizmat qilgan, ularni yaxshi biladi. Oʻsha Shams ul Mulk dargohida xizmat qilib yurgan kezlari kishini mutaassir etguvchi shunga dohil bir voqeaning guvohi boʻlgan edi. Darvoqe, bu voqea roʻy bergan oʻsha kuni yosh malika Zuhra Xotunga ilk bora roʻbaroʻ kelgandi... Xullas, oʻshanda kenja shahzodaga saboq berguvchi fozillardan biri kimgadir «shahzodaning ilki kitob tutmoqqa qodir emas, xayoli hamisha shamshiru tulporda turadi», degan ekan kuyunib. Bu gap chaquv orqali Shams ul Mulkning qulogʻiga yetibdi. Gʻazabga mingan hukmdor «sen kitob jinnisi shahzodadan nuqson qidirguvchi boʻldingmi», deya muallimni darra urdirib, shahardan sazoyi qilgandi. Xayyom buni koʻrib, yoqa tutgandi, axir bu shahzodaning taqdiriga qaygʻurib mulohaza tarzida aytilgan gap edi xolos-ku!.. Endi boʻlsa yana bir turkiy qavmdan boʻlmish saljuqiylar saroyida kun oʻtkazmoqda.

Ularning fe’li esa ayon-xiyol ginachi, anchagina badgumon va ayniqsa, zurriyodlari, yanaki norasida oʻgʻillari haqida yomon soʻz aytilishiga toqatsiz boʻlguvchi edilar. Hozirgina Xayyomning zabonidan uchgan paykon sultonning ana oʻsha nozik yerini jarohatlashi mumkin edi. Afsus chekkan Xayyom yoyandoz tilini tishladi...

Bir kuni Xayyom sulton huzurida qandaydir bazmda oʻltirardi. Shul mahal epchillik va yoqimtoylik ila xizmat qilayotgan amirzodalardan birini xiyol kuzatib turdi-da, zavqlandi. Hayratini yashirolmay, sultonga izhor etdi.

Oʻshanda sulton unga qarata shunday dedi:

-Joʻjaning huddi oʻzi. Tuxumdan chiqiboq hech qanday koʻmaksiz donni choʻqishni oʻrgana oladi, vale oʻz oshyonini topib borolmaydi. Kabutarning bolasi esa, -Sultonning koʻzlari ta’nali chaqnadi,-mashqsiz donni choʻqiy olmaydi. Biroq Makkatullohdan Bogʻdodga uchayotgan kabutarlar galasining sardoriga aylanadi!.. - Bu uning sultonzodalar haqida aytgan ta’rifi edi.

Xayyom hozir ixtiyorsiz ravishda sultonning ana oʻsha xudbinona tuygʻusiga dahl qilgandi...

Filhaqiqat, Qazviniy oʻsha kech Xayyomning soʻzlariga qoʻshib-chatib sultonga yetkazdi.

2

Koʻklam yaqinlashib, Buxoro fathiga hozirlikning soʻnggi yumushlari uhdalanmoqda edi. Biroq sultonning kayfiyatidagi va yoxud xoʻyidagi evrilish mudom davom etar, yaqinlarining payqashlaricha, hadeganda asliga qaytay demasdi. U hamon kishi suymas, xonanishin edi. Qoraxoniylarning uning ustidan xalifaga va taqi shayxulislomga qilgan arzlari qulogʻiga yetib kelgani bois ham Movarounnahr hukmdoriga qattiq tish qayragan va toki uni magʻlub etib, muzaffarlik nashidasini surmaguncha koʻnglining joyiga tushmogʻi dushvor edi. Arz etsang, sultonning oʻziga arz et edi, ne baloki, xalifa atalmish nomigagina qolgan bir qisindidan panoh istarsen! Saljuqiylarning shonu shavkati qoshida Bogʻdod xalifasi-yu uning shayxulislomi ne boʻpti?! Agarki Islomdek buyuk va muqaddas dinning hurmati boʻlmasa, allaqachon bu xalifalikdan nom-nishon qolmasdi-ya! Qolaversa, Buxoroda avom tomonidan norozilik gʻalayonlari koʻtarilayotganligi ham quloqqa chalinib turardi. Xalq Shams ul Mulkning oʻgʻli, Buxoroning hozirgi hukmdori Ahmadxonga qarshi isyon qilardi. Bu esa sulton Jaloliddin Malikshohni Buxoro yurishi sari ikki hissa ilhomlantirardi.

Sulton keyingi haftalarda zavja-yu kanizaklariga unchalik mayl bildirmay qoʻygandi. Bu uning qoni sovuganidan yoxud yoshidan erta qariganidan emasdi. U hali ham baquvvat, ehtiros olovi bemisl bir yigit edi. Maylsizligi esa qalbidagi sovush tufayli ediki, hamon oʻsha soʻnggi shikordan orttirib qaytgan dilgirligi davom etardi...

Bu kech esa may ila oshno boʻldi va shirin sarxushlik ogʻushida qonida tagʻi olov uygʻondi. Koʻz oldida Buxoro goʻzali Turkon Xotunning joduli nigohi namoyon boʻldi. Bu koʻzlar uni hamisha sehrlab, gʻalat bir tushunuksiz tuygʻular ogʻushiga soladilar. Sulton qoraxoniyzoda malikaning bagʻriga har safar goʻyo ilk visol onlaridagidek yutoqib-yutoqib, sogʻinib-sogʻinib, oʻrtanib-oʻrtanib oshiqadi. Malika uni har safar betakror va bemisl ehtiros qoʻynida erkalaydi. U esa har gal visol onlari nihoyalagach, boʻlib oʻtgan oromli kechmishlarini bir boshdan eslamoqqa sa’y etar, ammo ularni butunlay tiklamoqqa xotirasi ojizlik qalardi. Chindan ham malikaning jodusi bormidiki, tun boʻyi mislsiz huzur-halovatga oshno etardi-yu tong otishi bilan oʻshal orom onlari uning xotiridan koʻtarilib boraverardi. U mana shundan hayratga tushar va taqi malikaning ogʻushiga oshiqaverardi. Huddi shuningdek, malikaga yovuq kelganida goho qalbini, dunyoning yarmiga sohiblik qilayotgan yovqur va zabardast saljuqiyzodaning yuragini vahm qamrab olardi. Shu holini oʻzi sira anglolmas, shunday paytlari yuragi qinidan chiqib ketguday boʻlar, zavjasining koʻzlariga hadiksirab boqardi. Biroq u baxsh etgan huzurni boshqa hech kim unga berolmasdi va buni u juda yaxshi bilardi.

Sulton bu tunni Turkon Xotun quchogʻida oʻtkazmoqlikni ixtiyor etdi va bu haqda malikaga xabar berdi. U may ta’siridan koʻzlari suzilib, taxtiravonda oʻltirar, zanjilar ham uning oromini buzmaslik uchun ohista qadam tashlaganliklari bois bir maromda yoqimli tebranib borardi. Shu payt uning koʻz oʻngida Qazviniyning yoqimsiz basharasi paydo boʻldi va unga qarab tirjaydi. Sultonning quloqlari ostida Xayyomning shahzoda haqida aytgan gaplari Qazviniyning ovozida yangradi. Kishi koʻnglida vahm uygʻotarmish?! Keyin esa malikaning Xayyom ila yaqinligini esladi-buni ham Qazviniy shipshidi. Dunyoni zir titratgan sultonning dilida uning oʻzi ham tushunib yetmagan tuygʻu-rashk olovi junbushga keldi. Lekin ayni damda uni Turkon Xotunning oʻtli ehtiroslari sogʻinchi oʻziga chorlayverdi...

Malika Turkon Xotunning goʻshangasi butkul shafaq rangida boʻlib, koʻzlarga olov yoqardi. Malikaning yuzi va yarim yalangʻoch tanasining tusi ham oʻshal muzaffar rangga uyqashib ketgandi. U uch bor tuqqan boʻlsa-da, durkun edi, tirsillagan jismidan hirs yogʻilib turardi. Sulton hamisha ana oʻsha hirs olovida jizgʻinak boʻlar, balki koʻnglida uygʻonguvchi vahm ham shu qovrilishlar ortidan kelarmidi?.. Oh, bu joduli koʻzlar! Suzilib, bemisl huzur sari chorlayotgan bu koʻzlar har nechuk bagʻrni oʻrtab yubormogʻi tayin edi. Malikshoh uning sirli nimarsasidir bor, deya xayol qilar, shuning uchun ham uni ixtiyorsiz tarzda juda qattiq sevar, ixtiyorsiz tarzda juda-juda qizgʻonar va huddi shu kabi uning qarshisida qoʻrquv hamda tahlikaga duchor boʻlardi.

Malika yel mengiz (kabi) ohista sirgʻalib, parqu toʻshakning chetiga keldi-da, sarxush sultonning ilkidan tutib, asta oʻrnidan turarkan, xushboʻy nafasi ila uning boʻyin va yuz-koʻzlarini huzurbaxsh siypalab oʻtdi. Ne-ne bokira mohitoblarni oʻzining jirkanch hirsi ila zabunu xor etgan hukmdor adoyi tamom boʻldi. Hozir u Turkon Xotunning poyiga mum yangligʻ toʻkilishga tayyor edi... Malika oʻzidan xush boʻy taratib, sultonning jubbasini asta yechib tashladi. Harir niliy (havo rang) tungi kiyimi ichra koʻkraklari, boʻliq sonlari-yu dumbasi er koʻziga yoqimli lorsillardi. Hukmdorning tomogʻi kuydi, ogʻzi quruqshab, tamshandi. Ziyrak malika malolsiz bir tezlikda sa’y etib, muzdek gulob tutdi. Sulton uni yutoqib simirdi. Lablaridan ayoq uzilishi hamono malika hirs ila ularga lablarini bosdi. Entika-entika chirmashdilar. Shu asno toʻshakka qulab, dumalay boshladilar...

Ikkisi ham chalqancha yotishar, vujudlarini betakror bir hazur allalardi. Sultonning lablari bilinar-bilinmas qimirlab, muloyim ovozda dedi:

-Shahzodaning sihati durustmi, malikam?

Turkon Xotunning hozirgi ovozi ham vujudga oʻt qalardi.

-Shukur, sultonim. Umar Xayyom janoblarining urinishlari ila tez sihat topdilar.

Hukmdorning qalbini gʻashlik tirnab oʻtdi. Boyagi tushuniksiz rashk olovi kuydirdi.

-Ha, Xayyom deganlari qasringizdan nari ketmay qolganmish? Gʻalat nazmbozlik ham qilarmish?

Malika sultonning kesatigʻidan Qazviniyning koʻlansa isini sezdi. U malika huzuriga kirib, Xayyomga malomat qilmoqchi boʻlganida, uning gapini boʻlib, «Xayyom bizning hifzi himoyamizda», deya mulzam qilgandi. Demakki, u sultonga ham arz etgan.

-Men ne qilsam, sizning suyukli oʻgʻlingiz,-Malika bu soʻzga ataylab urgʻu berdi, -valiahd Mahmud ibn Malikshohning istiqboli uchun qilgum. Ma’lumingizkim, Umar Xayyom sizning qutlugʻ dargohingizda qadr topgan benazir olim va shoirdir. Oʻgʻlimiz ul zotdan saboq olsa, unga yovuq yursa, foydadan holi boʻlmas, deya oʻy qilurmen.

Sultonga malikaning ovozi ham, gaplari ham xush yoqdi. Xayyom kim? U bor desa-bor, yoʻq desa-yoʻq boʻlguvchi bir musofir-da. Sulton boʻla turib unga adovat tutsa... Sulton shahd burilib, ikki ilki ila malika yuzini tutib, oʻziga oʻgirdi va koʻzlariga tikildi. Biroq uning nigohidan bir qavat eti sidirilib tushganday boʻldi-da, sir boy bermay, ojizroq tovushda soʻradi:

-Shahzodaning... oʻgʻlimizning nigohi kishi koʻngliga qoʻrquv soladurmi?

Malikaning ichida muzaffariyat tuygʻusiga chulgʻangan bir na’ra uygʻondi. Shu on «ahvoling nechuk, ey, sahroyi?!» deya qah-qah urib yuborishiga oz qoldi. Uning nazdida, hozir sulton butunlay magʻlub boʻlgandi.

-Bu nechuk savol sultonim?!-degan malika erining seryung koʻksiga lab bosdi...

Olov yangitdan yona boshladi...

3

Quyosh yorqinroq nur sochib, Isfahondagi azim daraxtlarning kurtaklari lab bura boshlagan onlarda sulton Malikshoh lak-lak lashkarini soʻnggi bor koʻzdan kechirib, yakuniy farmonlarini berdi. U birvarakayiga magʻribu mashriq sari qoʻshin tortmoqqa ahd qildi. Ya’nikim Hasan Sabboh boshliq ismoiliylarning qilmishlari haqidagi turli xabarlar sultonni otashin (dargʻazab) etib, shamshir tutmoqqa chorlamoqda edi. Bu ismoiliy otligʻ nobakorlar oshyonsiz bir sak misoli har yerda izgʻirdilar. Hatto boshkenti azim ichra ham ularning sharpalari sezila boshlagandi. Ayniqsa, ular joylashib olgan Alamit (ya’ni «Burgut uyasi») nomli togʻ uzra qad rostlagan qal’aga yovuq boʻlgan Qazvin shahrida ul koʻppaklarning ta’sirlari kuchli edi. (Sulton ham, vaziri a’zam ham ularni sak, koʻppak deb atardilar.) Xabarlarga qaraganda, hatto Qazvin hokimi ham ismoiliylarning soʻzidan chiqolmas emish. Ha, bu Hasan Sabboh deganlari juda makkor. U mor misol kulcha boʻlib olib yotaveradi, oftobda toblanib, zahar-ogʻusini yigʻaveradi va bir kun oni kelgach, shundayin hamla qiladiki, har nechuk jonzotni halok etadi. Uning turfa harakatlari xususidagi xabarlar qancha koʻp tarqamasin, ayni damda u kulcha boʻlib yotgan mor yangligʻ edi. Sulton buni juda yaxshi anglardi va shuning uchun ul ogʻuli morni inida kulcha boʻlib yotgan holida yanchib tashlamoqni istardi. Bu istagi uni Alamit sari chogʻroq qoʻshin yoʻllamoqqa undadi.

Mana, bu tong Buxoro fathiga shay turgan ikki yuz ming kishilik lashkar oldidan, sultoning sodiq lashkarboshilaridan biri, amirlar amiri Arslon Tosh boshliq oʻn ming kishilik saralangan qoʻshin Alamit sari yoʻl oldi...

Sulton davlat idorasini har tugul vaziri a’zam Nizom ul Mulkka topshirdi. Bomdod namozi adogʻida sultonga muzaffariyat ila qaytishlikni tiladilar, uning sha’niga uzundan-uzoq hamdu sanolar aytilib, fotiha oʻqildi. Ulkan ajdaho yangligʻ pishillab turgan beadad qoʻshin asta qoʻzgʻolib, tebrana-tebrana sudrala boshladi. Lekin endi uning gʻala-gʻovurga uyqash guvillab-pishillashini turli aslaha-yu yarogʻlarning va shuningdek, aroba-yu turfa xil harb ulovlarining shaqir-shuqir, taraqa-turuq tovushlari bosib ketdi-da, ma’lum muddat oʻtgach, bu tovushlar ham bir ma’romga tushib qoldi. Shunday qilib, ulkan ajdaho-qoʻshin Buxoro sari yoʻl oldi.

Filhaqiqat, bu lashkar ikki yuz ming adadda aytilgani bilan, bir qarashda, hisobsizday tuyulardi. Uning oʻrtasida turgan kishi na boshini, na oxirini koʻra olardi. Mabodo qiyosga ehtiyoj boʻlsa, saharmardonda qoʻshin tomoshasi uchun chiqqan odam u oʻtib boʻlguncha fursatni shom etar va hatto namozlarni qazo, yemak nafslarini sazo aylamogʻi ham mumkin edi. Shuningdek, qoʻshin qadamlaridan qoʻpgan changu gʻubor moʻlligidan tun boʻyi nafas ololmay uyquni-da keyinga qoldirishi shubhasiz edi.

Odatda lashkar karvon mengiz bir maromda yurishini hisobga olib, uning boshiga yuk ortilgan tuyalarni qoʻyardilar. Bu jonivorlar na jadal va na sust yurmay, me’yorni saqlay bilganliklaridan lashkar ham unga monand tartibli odimlardi. Hozir ham shunday qildilar-turli koʻch-koʻron, harb ashyolari ortilgan qator tuyalar oldinda loʻkillab borardilar.

Ulardan keyin esa yollari taralib, xino va moylar surilgan, qadamlari hurliqolarning nozli yurishlarini yodga soluvchi goʻzaldan-goʻzal arobiy hamda turk otlariga mingan suvoriylar joy olganlar. Ularning harb liboslari deyarli bir xil, dubulgʻa va sovutlar haybatidan yirik gavdalari taqi ulkanlashganday koʻrinadi. Hatto otlarning bosh va yagʻrinlariga ham sovut kiydirilgandi. Qalqonlarini egarning soʻl yoniga, choʻqmorlarini esa oʻng yogʻiga ilganlar. Bellarini siqqan poʻlat kamarlariga shamshir osganlar. Ularning shamshirlari asosan damashqiy, misriy va salmoniy ediki, nisbatan qimmatbahoroq boʻlmish hindiy hamda sulaymoniy qilichlar esa sipohsolaru lashkarboshilarga nasib etgandi. Suvoriylarning egarlariga ixcham meshkoblar ham ilingan boʻlib, ularga suv toʻldirilgandi. Shoʻrlik otlar chiniqqanliklari bois shuncha yukni ham pisand qilmay ildam yoʻrtadilar. Otliqlar qadlarini tik tutishib, mardona qiyofada borishar, safar endigina boshlangani boismi, yuzlarida tetiklik va bir qadar mamnunlik zohir edi. Ba’zilari ot ustida loʻkillab borisharkan, shuncha shovqin-suronga qaramay yonidagi hamrohlari ila oʻziga xos suhbat ham qurib qoʻyarlilar.

Suvoriylar ortidan qoyaday-qoyaday boʻlishib, ulkan fillar kelardilar. Ular ham oʻziga xos «bezaklar» ila «bezatilgan» edilar. Oyoqlariga poʻlatdan yasalgan qalin «kovushlar» kiydirilgan va bu narsa har qandayin jonzot yoxud toʻsiqni ezib, majaqlab, vayron etishga koʻmak berardi. Ustlariga naqshinkor kigizlar toʻshalgan, ikki yoniga yoy va daroz nayzalar osilgan. Har birlariga bittadan zanji filbonlar mingan boʻlib, ular barchadan baland turganliklaridanmi yoki keng dala-dashtlar hurligini tuyib, qadrdon vatandoshlari boʻlmish fillarga oshnoliklaridanmi, xushnud edilar. Fillar galasining adogʻida, ulardan xiyol uzilib, sultonning amoriysi oʻrnatilgan, naqshinkor matolar ila bezatilgan yirik fil ham kelardi. Uni bir zanji yetaklab olgan, biroq ustidagi amoriy hozir boʻsh edi. Sulton fildan orqaroqda soqchilar va xos navkarlar qurshovida oʻzining suyukli oti ustida kelardi.

Uning oti oppoq bulutga qiyos edi. Oyoqlarini shu qadar yengil koʻtarib-tashlar ediki, huddi parvoz etayotganday koʻrinardi. Otning ustidagi quyoshning bahoriy nurida jilvakar yaltiragan tilla egar ham toblanib, koʻzni qamashtirguday edi. Sulton kalta yamaniy shamshir osgan, uning ham dastasi va qini oltindan edi. U ot ustida magʻrur va viqorli oʻltirar, otining oyoqlari uzunligi uchunmi yoxud chindan ham u shu qadar barvasta edimi, atrofidagilardan ancha baland koʻrinardi. Ehtimol haybat, salobat, viqor uygʻunligidan shundayin holat paydo boʻlar. Shunga qaramay, hukmdorning koʻzlari oʻychan boqardi...

Sultonning soqchilari-yu xos navkarlaridan soʻng qator safga tizilgan yoyandoz va zarbdor nayzabozlar kelardilar. Yoyandozlar yoylarini qoʻllarida tutib, yelkalariga paykon toʻla sadoqlarini osib olganlar. Ular ham boshlariga dubulgʻa va egnilariga jeba (simdan toʻqilgan harbiy kiyim) kiyganlar. Bularning ustlaridagi yuklari nisbatan yengil boʻlganligi bois shahdam qadam tashlaydilar, lekin nigohlaridagi bir qarashda payqash mushkul boʻlgan chuqur oʻychanlik oldindagi qaqshatqich janglarning mudhish manzaralarini yodga solayotgandek tuyuladi.

Zarbdor nayzabozlar ham dubulgʻa va jeba kiygan edilar. Ular bir qoʻllarida uzun nayza, bir qoʻllarida qariyb boʻylariga monand kelguvchi qalqon tutgandilar. Yonlarida esa kalta choʻqmor va yoysimon egri xanjar. Bularning qadam olishlari juda ogʻir va odimlari ham ancha sust. Yoyandozlarning nigohlaridagi chuqur oʻychanlik, bularning yuz-koʻzlariga singib ketgan mung va zahmat aksi qoshida hech narsa emasdek koʻrinardi.

Harbiy karvonning keyingi qatorlaridan oʻq-yoy, qurol-aslaha va oziq-ovqatlar ortilgan arobalar oʻrin olgandi. Ular bilan yonma-yon tabbohlar va boshqa turli xizmatlarga zimmali boʻlgan kishilar borardilar. Ulardan keyinda esa manjanaqlar va ularning oʻqlari hamda qozonu saqich, naft (neftь) ortilgan arobalar, nihoyat soʻngida janibatlar (ehtiyot uchun olib yuriladigan otlar) kelardilar. Ayni shu joyda qoʻshinning bir tumani (oʻn ming kishi) nihoyasiga yetib, yangi tuman boshlanardi. Hozir bu harbiy karvonda yigirma tumandan ortiq lashkar borardi. Beadad qoʻshinning koʻchishidan koʻkka oʻrlayotgan shovqin-suron tovushi uzoq-uzoqlardan eshitilib turardi.

Sulton quloqlarni batangga keltiruvchi mana shu ovozlar ogʻushida ham dunyodan uzilgan yangligʻ oʻz oʻy-fikrlari ila band edi. Buyuk saltanatining bosh kenti boʻlmish muazzam Isfahondan uzoqlashib borarkan, yuragining tub-tubidan nimadir uzilib qolayotgandek tuyulardi. Ayni damda dunyoni zir titratgan tojdor Ollohning barcha kabi bandasiga, oddiy mardumga aylanib borardi. Hali oldinda taqi necha haftalab yoʻl yurmoq lozimligini va oʻshal uzundan-uzoq fursatda yana koʻp bor ogʻiru yengil oʻylar girdobiga tushmogʻini bilsa ham hozirgi oʻylari choʻzilgandan choʻzilaverardiki, oʻzi bunga monelik qilishni istamasdi. Mana endi taqi bir bora anglamoqda-farzandlari va xotinlariga, keyingi oylarda oralariga ancha-muncha dilxiralik tushgan boʻlsa-da, vaziri a’zamga, dilkash musohibi (suhbatdoshi), xiyol shubha-gumonga solgan ersa-da, nazdida, sadoqatli nadimi Umar Xayyom hamda koʻplab boshqalarga koʻnikib, hattoki suyanib qolgan ekan. Hali xayrlashayotganda fotiha bera turib vaziri a’zamning koʻzlarida yosh aylanganini payqadi. Ha, uning otasidek boʻlib qolgani rost. Sultonni dargʻazab etgan oʻshal voqeotga ham aslida Nizom ul Mulk bois emas, farzandi shakkoklik qilib, gunohga qoʻl urdi. Vaziri a’zam unga bir umr sadoqat ila xizmat qilib kelmoqda. Uning koʻzlaridagi yosh nedin nishona? Uning qadriga yetmaganligidan oʻkinish alomatimidi? Yoxud oʻz farzandini urush sari uzatayotgan padarning koʻz yoshlarimidi? Ehtimol uning ham halok boʻlishi mumkinligini oʻylab, yigʻlagandir? Axir padari buzrukvori ulugʻ sulton Alp Arslon Jayhun boʻylarida ajalga roʻbaroʻ kelmaganmidi! Demak, bu ham oʻlib ketishi mumkin...

Sulton Malikshoh qoraxoniylar sulolasi haqida juda yaxshi ma’lumotga ega edi: bu xususda avvalo turkon Xotunga uylanganidan soʻng bilgan boʻlsa, keyinroq Shams ul Mulkning saroyida bir necha muddat xizmat qilgan Xayyomdan eshitgandi. Ha, u bu buyuk turkiy hukmdorlar sulolasini juda yaxshi bilardi.

Qashqarlik qoraxoniylar naslining asoschisi Abdulkarim Sutuq Bugʻroxon (hijriy 320 yillar) boʻlgan edi. U ancha ma’rifatli va ziyopesha inson boʻlib, oʻz qavmining kamol topmogʻini istab Islomga kirgandi. Bugʻroxon va uning avlodlari turkiy urugʻlarni birlashtirish hamda yurtni obod qilish borasida koʻpu xoʻp ishlarni amalga oshiradilar. U bir safar Sayhun boʻylaridan ortiga qaytib ketadi. Boisi bu yoqda barqaror boʻlgan forsiy madaniyatni yengish ancha mushkul ekanligini, ayni damda bu yurtga qoʻshin tortsa, hademay ularga qorishib, singib ketishi mumkinligini anglab yetadi. Chunki u mustaqil turkiy davlat va madaniyatni barpo etmoqchi edi. Shul sababli ham ancha tayyorgarlikdan soʻng bu yurtga hujum qildi va uni ishgʻol etdi. (Buxoro, Vobkent, Jarqoʻrgʻon va Oʻzgandagi bir qator bino-yodgorliklar qoraxoniylar hukmronligi davrida bunyod etilgan boʻlib, ular oʻziga xos turkiy me’morchilik uslublariga, jilolariga egadir. Shuningdek, bu davrda Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Farobiy kabi buyuk turkiy allomalar ham yetishib chiqqanlar.)

Dilxush suhbatlarining birida Buxoro va qoraxoniy sulola haqida gap ketganida Xayyom qarshisida buyuk sulton oʻltirganligini dil-dilidan tuygan holda bagʻoyat ehtiyotkorlik ila aytib bergan edi: uning soʻziga qaraganda, Sutuq Bugʻroxonning zurriyodi boʻlmish Shams ul Mulk ham dastlab anchagina tadbirli, el-ulusga qayishguvchi hukmdor boʻlgan. Bir kuni u Buxorodagi barcha fuzalo-yu shuaro, me’moru naqqoshlarni saroyda jam etib, majlis tuzadi. Shunda me’mor va naqqoshlarni imtihon eta turib, oʻz padarini eslaydi. Otasining bunyod etilayotgan binolarning hatto naqshu boʻyoqlariga ham e’tibor berganligini aytib, endi bu ota meros odat taqi davom etajagini ta’kidlaydi. Oʻshanda Xayyom xiyol tabassum ila degandi:

-Olampanoh, qarangki, ul qoraxoniy hukmdor turkiy va forsiy naqqoshlik san’atini ajab qiyos ila ta’riflagandi. Soʻngroq oʻzim ham e’tibor qildimki, filhaqiqat, forsiy naqqoshlarning naqshlari dona-dona unsurli, yorqin rangli boʻlarkan. Turkiy naqshlar esa nafis va jimjimador, boʻyoqlari esa koʻzga uygʻun koʻrinarkan.

Keyinchalik bu gapga sultonning oʻzi ham iqror boʻlgandi.

Biroq Sutuq Bugʻroxon tuzgan ulugʻ saltanat uning naslidan boʻlmish Shams ul Mulk davrida tanazzulga yuz tuta boshladi, yurt salobati va fayzidan baraka ketdi. Sulton Malikshoh bu narsalardan juda yaxshi boxabar edi va baribir oʻzi kabi turkiy qavmdan boʻlmish qoraxoniylar sulolasini dilida hurmatlardi. Bir tomoni, suyukli zavjasi turkon Xotun ham ana oʻsha urugʻdan edi. Shu kabi sulton, oʻzidek magʻribu mashriqni zir titratgan turkiy hukmdor Mahmud Gʻaznaviy ham, uning oʻzi ham ixtiyorsiz ravishda forsiyparast ekanliklarini ich-ichidan tan olardi va qoraxoniylarning sof turkiyparast boʻlganliklariga pinhona havas qilardi. Valekin bu kechmishlarini sirtiga chiqarmasdi, chunki saltanatida istasa-istamasa forsiy yoʻriq ustuvorligini juda yaxshi bilardi...

Saljuqiy qoʻshin ikki oy deganda Jayhun boʻylariga yetib keldi. Sulton lashkarning asosiy qismiga dam berib, maxsus ustalarga daryo uzra koʻpriklar qurdira boshladi. Boʻsagʻada qadim Termiz shahri turardi.

Beshinchi bob

1

Sulton boshliq qoʻshin Buxoro fathiga ketgach, dorussaltanat ancha huvillab qoldi. Bozorlarning gavjumligidan, koʻcha-yu karvonsaroylarning fayzidan ham qoʻr ketdi. Buning ustiga boshkent osmoni uzra koʻz ilgʻamas qora bulut toʻplanib, bagʻrida bir mudhish sharpa izgʻiy boshladi. Biroq uni oʻshal sharpaga oshno bir necha kishidan oʻzga birov payqamasdiki, zero uning kuchu qudrati ham shunda edi.

Qoʻshin shaharni tark etgach, Muhammad Takash va Qazviniy muloqotlari taqi quyuqlashib qoldi. Shoirlar amiri kunda-kun ora shahzodaning qasrida hozir boʻlardi, Buyogʻi kunlar ilib, koʻklamning adogʻi koʻrina boshlaganligi bois, ular koʻpincha odatdagidek qasr tomi ustida suhbat qurardilar. Chunki Takash kabutarlar parvoziga mudom oshiqu beqaror edi. Bu safar ham shunday boʻldi, Qazviniy tomga koʻtarilib borarkan, Takashning kabutarlarga qarata beoʻxshov qiyqirgani qulogʻiga urildi.

-Ovozing oʻchsin kabutarboz, yurakni yoray deydiya battol!-deya gʻudranib qoʻydi u oʻzigina eshitadigan ovozda. Biroq Takash koʻrinishi hamono shoirlar amirining basharasida tabassum chechagi barq urdi.

-Assalomu alaykum, shahzodam!-dedi u sohibi xonadonga. -Hademay kabutarlaringiz mengiz oʻz parvozingiz ham mamlakat osmonini bezaguvsidir. Ilohi, oʻshal kun jadal kela qolsin, ey, buyuk sultonzoda!

Qazviniyning xushomadi kabutarlar raqsidan olinajak zavqdan ustun kelib, Muhammad Takash mamnun qiyofada unga oʻgrildi. Uning yaltoqlanib, qoʻl qovushtirib turishi taqi xush yoqdi-da, viqoriga viqor qoʻshilib, battar havolandi.

-Ahlan va sahlan, xush kelibsiz shoiri zamon! -dedi koʻksini kerib, Qazviniyni oʻltirishga chorlarkan, oʻzi ham oʻltirdi va shu oʻltirish asnosida koʻkdagi hur eshlariga ilkis koʻz tashlab qoʻydi. U kabutarlarni chindan-da yaxshi koʻrardi va ularning aksari oppoq tusda boʻlganliklari bois koʻk toqida oʻmbaloq osharkanlar, serharakat qanotlari tangabaliq singari yalt-yult qiladi. Kabutarlar Takash qalbidagi bir parcha oqlik edilar va uning xoʻyida ulugʻvorlik yoxud ezgulik boʻlsa agar, u ana oʻshal goʻzal mahluqlarga mehri tufayli edi.

-Fursat yetdi chogʻi, shahzodam.-dedi Qazviniy shipshigan yangligʻ ovozini ohistalab.

Takash chuqur tin oldi, yuzida sezilarli xavotir zohir boʻldi. Shu koʻyi anchagacha ilkidagi zabarjad uzugini barmoqlari ila oʻynab oʻltirdi.

-Amirni tadbir ila tarafimizgʻa ogʻdirmoq lozim.-dedi u nihoyat xayolchan alpozda qolarkan.

-Tadbir tuzilgan, janobim.

Takash taqi jim qoldi. Undan hadeganda sado chiqavermagach, yana Qazviniy soʻzlamoqqa tutindi.

-Sizning minglik qoʻshiningiz bor. Anovi kuffor sho’feinga (vaziri a’zamni nazarda tutmoqda) itoat etguvchi oʻshal amirni qoʻlga olsak...

Takashni vahm bosa boshlagani uning yuz-koʻzidan shundoqqina bilinib turardi.

-Amirning xonadonini tunda olgʻaymiz. Qarabsizki, ul ilkimizdada, chunki ahli xonadoni rahnda (garovda) boʻlgʻay. Sho’feinni esa zindonga tashlaymiz.

-Evlarmikinmiz, shoir?-soʻradi Takash koʻzlari ola-kula boʻlib. U taqi kabutarlariga boqdi. Ulairning charx urishlarini bir muddat intiq kuzatarkan, yonboshidagi idishdan hovuchini toʻlatib don olib, kabutarlari oʻrgangan ovozda hayqirdi va tom sahni uzra sochib yubordi. Ularning ikkisi paykon misoli tezlikda oʻzlarini quyiga urdilar.

-Evlash ham gapmi!.. Sizning sultonlik haybatingiz ila togʻlarni-da bir hamlada yiqurmiz, shahzodam. -Qazviniy nishonni toʻgʻri oldi, nihoyat Takashning koʻzlarida ham asta-sekin oʻt chaqnay boshladi.

-Qani, tadbiringizni soʻzlang!-dedi u shoirlar amiri tomonga engashib...

Nihoyat kelishilgan kechasi xiyonatkor fitnachilar oyoqqa qalqdilar. Shahzoda oʻz sarbozlari ila (malika va shahzodalarning oʻz qasrlari, moliyaviy idoralari boʻlganidek, kichik-kichik qoʻshinlari ham boʻlardi.) avvalo ehtiyot lashkarga bosh etib qoldirilgan amir xonadonini bosdi. Uning xotinlari va farzandlarini rahnga olgach, oʻzi hamda lashkari bir qoʻgʻirchoq mengiz koʻyga tushdi. Soʻng Takash har ikki qoʻshinni bir necha qismlarga taqsimlab, ularga oʻzining ishonchli kishilarini bosh qildi. Ularning ikkisi malikalarning qasrlarini ishgʻol etib, qasr ahlini hibsga oldilar va qasrdan tashqariga chiqmaslikka amr qildilar. Takashning oʻzi boshliq bir qism lashkar esa vaziri a’zamning qasrini qamal qilib, oʻzini hibsga oldilar. Bu orada devon ahlining barchalari ham zudlik ila zindonband etildilar. Sohib devon Nizom ul Mulkning oʻzi ham zindonning alohida xonasiga tashlandi. Shunday qilib, bir kechaning oʻzida mavjud hukumat fitnachilar tomonidan agʻdarildi. Nafaqat saroy, balki butun shahar ahli ham gʻaflatda qoldilar. Saharmardonda olam-jahonni tutgan nogʻoralarning vahimali ovozi hammani shohmaydon sari chorladi. Odamlar bomdod namozini shosha-pisha oʻqishib, ne hodisa roʻy berganligini tezroq bilmoq uchun shahriston tomon chopdilar.

Bu payt Takashning qoʻshinlari shohmaydonni xalqa orasiga oldi. Uning oʻzi esa xos navkarlari ila supa ustida edi va viqorli nigohini sarosimada gʻala-gʻovur qilayotgan avomga qadagandi. Yonboshida koʻzlari ola-kula boʻlgan, bu qirovli keksa boshiga ne shoʻrishlar yogʻilishini bilmay bazoʻr nafas olayotgan muhtasib Badriy titrab turardi. Shoir Qazviniy esa oʻziga yetgulik mugʻombir va ustomon ediki, Takashning gʻalabasiga hali butkul ishonmaganligi bois oʻzini gʻanim koʻzlardan panaroqda saqlardi. Uning tungi hodisotlarning birontasida ishtirok etmaganligini hatto Takash ham payqamagandi.

-Siz kim tarafindasiz, muhtasib janoblari?-dedi Takash Badriyga boqib. Biroq har qancha tirishmasin ovozi titrab ketdi.

Badriy sarosimaga tushdi.

-Men... men... Sul... siz!..

-U sizga aslo el boʻlmagʻay, shahzodam.-deya shivirladi orqa tomonda turgan Qazviniy.

-Nega duduqlanursiz xezalak kabi? -Takash bu gapini Qazviniyning soʻzidan dadillanib aytdi.

-Ur bu taka soqolni!-deya ishora qildi Qazviniy Takashning yonida turgan yangi hukumatda amirlikni orzulagan gʻilay koʻzli, barzangi soloriga (askar boshligʻi).

Gʻilay ham qonga tashna turgan ekanmi, choʻqmori ila Badriyning boʻyni va orqa miyasi aralash bir urdi «jiq» etgan sas chiqdi-yu muhtasib yerga agʻdarildi va lahzada jon taslim qildi. Mudarra sallasi ancha nariga dumalab ketdi. Bu noxos qatlga koʻzlari tushgan atrofdagi kishilar qoʻrquv ila orqalariga tislandilar.

-Jazoingni oldingmi, taka soqol!-deya xiringlab qoʻydi Qazviniy.

Takash bunday boʻlishini kutmagan va gʻilayning tuyqus sa’yidan ichida bir qalqib tushgan esa-da, birovga sezdirmadi, oʻzini beparvo tutishga urindi. Maydon sari oqib kelayotgan odamlarga gʻolibona tikildi. Biroq uning vujudida taqi oʻsha eski fahm junbushga kela boshlagandi. Bu ne hol, deya oʻylardi u boʻgʻzidagi nimarsa tepa-yu pastga jonsarak tarzda borib- kelarkan.. Nahotki sultondan shunchalar qoʻrqsa?! Axir u qoʻrqoq emasdi-ku. Uni bu koʻyga solgan nahotki sultonning haybati boʻlsa? Oʻzi yoʻq odam kishini shunchalar qoʻrquvga solsa-ya!.. Yo Olloh, bu qilmishlarim ne ila intiho topmogʻi faqatgina oʻzingga ayon. Oʻzing najot ber, Tangrim!.. Kabutarlarim parvoziga termulib, koʻnglim halovatda oʻltirsam ne qilardi-ya?..

Iblisi la’in yoʻrigʻida bu fitnaga goʻyo bosh boʻlgan Muhammad Takash oʻz ahvolini anglayolmay halak edi. Yuragida uygʻongan vahm-bu oʻz iymoni ekanligini, buzuq yumushga bosh qoʻshganligi bois behalovat boʻlayotganligini u aslo tushunolmasdi. Vahm-har tugul toza qalbdan joy olgan iymonning oʻz sohibiga isyoni edi.

Bu payt Shokir Talx ham maydondagi olomon ichra edi. U fahmladiki, xiyonatkorlar rasadxona ahlini faromush etmish, aks holda allaqachon ularni ham bosh maydon sari quvib kelgan boʻlardilar. Talx har tomonga alanglay boshladi-shahardan chiqmoq uchun yoʻl va bir ishonchli hamroh izlamoqqa tutindi. Yon-verini koʻzdan kechirarkan, hoynahoy barcha darvozalar gʻanim ilkida boʻlsa kerak, deya xayol qildi. Nihoyat nigohi ila bir kosib birodarini topdi-yu u tomonga otildi... Ikkisi uzun rasan (chilvir, arqon) olishib, rasadxona tarafga chiquvchi darvozaga bordilar. Darvoza berk edi, uning oldida bir toʻda xiyonatchi navkarlar turar edilar. Shokir Talx otashin boʻldi-yu gʻudrandi:

-Bu tojdorlar kasriga dunyoda ham ma’ni qolmadi. Ini ogʻaning yaqosidin olsa-ya! Qiyomat yaqin koʻrinadur... astagʻfurilloh!..

-Ne deb gʻoʻldiraysiz, Talx?-deya soʻradi uning turishidan hayratlangan hamrohi.

-Qani, ketduk, deyman.-dedi Shokirning zardasi qaynab.

Ular devor oshmoq uchun qulay joyni izlab kezina boshladilar. Allaqachon shaharning toʻs-toʻpoloni chiqib ketgandi. Barchaning yuzu koʻzida ulugʻ bir sarosima, harakatlarida tahlika zohir edi. Odamlar nihoyatda shoshib, jonsarak alpozda u yoqdan-bu yoqqa oʻtib borardilar va shu jonsarakliklariga uygʻun tarzda tez-tez hamda muxtasar soʻzlab ham qoʻyardilar. Shu oʻtgan qisqa muddat mobaynida goʻzal boshkentdan, qadim Isfahondan fayzu halovat arib ulgurgandek edi. Hamma narsa goʻyo xira qora parda ortiga oʻtib borayotgandek koʻrinardi. Yoʻl chetlaridagi borliqqa chiroy baxsh etgan anvoyi gullarning rangi endi uniqqanday, oʻzining jilvakor tusini yoʻqotgandek. Qator qad rostlagan sapidor (terak)larning ham yashil rangi qorayib-siyohlanib borardi goʻyo. Ha, musulmon dunyosi hamisha tildan qoʻymagan, tinmay Ollohdan tilagan fayzu baraka faqat va faqat tinchligu omonlik tufayli ekan. Agar yurtdan halovat arisa, hamma narsaning bir zumda zeru zabar boʻlmogʻi hech gap emas ekan.

Shaharda gʻala-gʻovur, parokandalik va eshu gʻanimning oʻzi bilan oʻzi ovora boʻlganligi bois ikki kosibning devor osha shaharni tark etganligini biron kimsa payqamay qoldi.

2

Ahli rasadxona shahar yuqorisida boʻlayotgan shovqin-suronlarni elas-elas eshitgan esalar-da, asli hodisotdan bexabar edilar. Bundayin shum gʻavgʻo ilm ahlining yetti uxlab tushlariga ham kirmasligi aniq edi. Chunki ular saljuqiy saltanatning va ayniqsa, buyuk sulton Malikshohning kuch-qudratiga, idora usuliga shubha ila qaramoqlik xayolidan yiroq edilar. Illo rasadxona va ilmu urfonning barqarorligi ham sulton hazratlarining himmatu e’tiborlari bois edi. Buni ilm ahli juda yaxshi anglardilar va bu borada Ollohga shukronalari behad edi.

Voqeani Shokir Talx lafzidan eshitgan Xayyom zaruriy tadbir ilinjida oʻyga botdi. Bosh maydon uzra muzaffariyat nashidasini surayotgan ekanlar, demak, vaziri a’zamu ahli devonni hibs etganlari aniq. Agarki qatli om qilib ulgurmagan boʻlsalar taqi. Vaziri a’zam itoatidagi qoʻshin qayerda qoldiykin? Nahotki u ham xiyonatkorlar tarafiga ogʻgan boʻlsa?! Sohibi devon hazratlari omonmikinlar ishqilib? Yoki xusumat va hasad girdobida qolgan Takash va ... Xayyom tuyqus Talxga oʻgrilib, soʻradi:

-Supa uzra amirul shuaro Qazviniy koʻrinmadimi?

-Koʻrinmadi chogʻi.-degan Talx ikkilanib, yonidagi hamrohiga savol nazari ila qaradi. Undan ham tayinli javob ololmagach, Ha, u yoʻq erdi. -dedi qat’iy.

Xayriyat, deya oʻyladi Xayyom biroz yengil tortib, yaxshiki bunga bosh qoʻshmabdi u badkirdor. Taqi kim bilur? Bular koʻrmaganliklarini aytdilar xolos... Darvoqe, ne tadbir qoʻllamoq joiz?..

-Mikoil! -deya chorladi u nihoyat u yon-bu yonga alanglab, ayiqbozni qidirarkan, yuz-koʻzida qat’iyat aks etib.

-Labbay, xojam.-dedi uning oʻtrusida qoʻl qovushtirgan Mekoil.

-Eng uchqur otni mingaysen va Sulton hazratlari huzuriga yelgaysen. Xiyonatkorlarning qilmishidan boxabar etgaysen.

-Soʻng oʻz ishorasi ila keltirilgan qogʻozga tezkor noma bitdi, unda boʻlib oʻtgan hodisotlarni juda muxtasar bayon etdi va nomani Mikoilga tutqazarkan dedi,- Ushbuni sultonimizning oʻz qoʻllariga topshirgaysen. Qani, Olloh yor boʻlgʻay. Ollohu akbar!..

Mikoil ot sari chopib borarkan, Rindoniyga dedi:

-Polvonni unutmagʻaysiz, ogʻa.

Mikoilning qorasi qir ortiga yashiringach, fursat gʻanimat boʻlganligi, Xayyomning ayni paytida tadbir qoʻllaganligi ayonlashdi. Chunki hademay shahar tomonda bir toʻda otliq sarbozlar koʻrindilar.

Xayyom oʻz izmida boʻlgan hamrohlarini vahima qilmaslikka, tahlikaga tushmaslikka undarkan, irodasini boʻlgʻuvsi sinovlarga va hatto azob-uqubatlarga chogʻlardi. Anovi yarogʻlangan hayvonmijozlarga ahli rasadxonani qarshi qoʻymoqlikdan ma’ni yoʻq. Baribir ularning qoʻllari baland kelgay, chunki xoma va kitob tutgan qoʻllar birovning joniga qasd qilmoqlikka qodir emas. Mabodo toʻqnashuv roʻy berganida ham ilm ahlining magʻlubiyati aniq. Ularning jonlarini omonda saqlamoqlik esa avvalo Xayyom qoʻllaguvchi tadbirga hamrishta edi.

Filhaqiqat, yuz chogʻli suvoriylar yetib kelib, rasadxona atrofini xalqaga oldilar...

Bu mahal shaharning bosh maydoniga jam boʻlgan avomning roʻbaroʻsida oyoqlaridagi titroqni sezdirmaslikka urinib, gʻoz turgan Muhammad Takash oʻng ilkini koʻtarib, xaloyiqni jim boʻlishga undadi. Uning ishorasidan soʻng, oʻtgan kechada ne voqealar roʻy berganligini bilmoqqa intiq boʻlib turgan, biroq ana oʻsha noayonlik ortidan tinmay soʻzlayotganligi bois shovqini shaharni boshiga koʻtargan odamlar tezdagina tina qoldilar. Takash bunday boʻlishini kutmagandi, shuning uchun shahriston uzra yastangan sukunat uni taqi dovdiratib qoʻydi. Bir muddat soʻzsiz turdi-yu, soʻng orqasida turgan Qazviniyning «Bardam boʻling, shahzodam!» degan ragʻbatidan dadillanib, gapira boshladi:

-Aziz fuqaro! Ma’lumingizkim, koʻhna Isfahonda fisqu fujur in qurib, turfa jodugarlar, iymoni zaif shofe’inlar koʻpaymoqdalar. Ular sultonning pinjiga kirib, hatto saltanat boshiga ham chiqib olmoqdalar. Natijada nujumparastlik avj olib, kufru zalolat ildiz otmoqda. Bu esa Islom zaiflashuviga olib kelmoqda. Shunday ekan... -Takash ogʻir bir yutindi, ichida nimadir qalqib ketdi. -Shunday ekan, ulugʻ padarimizdan meros qolgan mamlakat idorasini oʻz ilkimizga olmoqlikka jazm etdik. Olloh taoloning irodasi ila buyuk Islomga kuchu jahd bermoqlik sharafi sizu bizning yelkamizga tushganligi muborak boʻlgʻay!

Biroq u kutganidek olqishlar taralmadi. Ne hol roʻy berayotganligini anglab yetolmayotgan xaloyiq lolu karaxt turardi. Bu Takashni battar esankiratib qoʻydi.

-Soʻzni muxtasar qilgʻaysiz, shahzodam!-deya shipshidi orqadan Qazviniy.

Valekin Takash boshqa biron soʻz aytolmadi, koʻzlari olaygancha avomga tikilib, yutina-yutina turaverdi. Buni payqagan Qazviniy quyiroqda turgan jarchiga ma’noli ishorat etdi. U supa ustiga chiqib, baland va jarangdor ovoz ila avvaldan yod etgan soʻzlarini hayqirib ayta ketdi. Ya’ni jarchi shahzoda Muhammad Takash ibn sulton Alp Arslon oʻzini sulton deya e’lon etajagini, endi jamiki davlat ishlari uning amru irodasiga dohilligini, toki maxsus ijozat boʻlmaguncha shahardan chiqmoq, unga kirmoq, tunda koʻchada yurmoq va boshqa koʻplab nimarsalar ma’n etilganligini tinimsiz takrorlamoqqa tushdi.

Takash oʻzini ancha oʻnglab olganligi bois, kibru viqor ila endigina a’yonlariga aylangan bir necha kishilarni ergashtirib, shohsupani tark etayotganlarida maydon chetida navkarlar qurshoviga olingan Umar Xayyom va uning shogirdlari Vositiy hamda Isfazariy koʻrindilar. Ularni koʻrdi-yu Takashning taqi turqi oʻzgardi. Bu holatini anglaguncha boʻlmay najot izlab Qazviniyga qaradi. Shoirlar amiri esa darhol gʻilay solorga ularni toʻgʻri zindonga olib borishlikni amr etdi. Chunki bu nujumparastlarning, ayniqsa, Xayyomning xalq oʻrtasida obroʻsi baland edi. Ular zindonband etilganliklarining pinhon tutilmogʻi avom oʻrtasida vujudga kelajak norizolikning oldini olmogʻi tayin edi. Amirlik mansabidan sarmast boʻla boshlagan gʻilay solor valine’matlari farmonini tezlikda bajarmoqlikka oshiqdi...

3

Vaziri a’zam zindonning tor va qorongʻi xonasida behalovat oʻltirar ekan haligina sodir boʻlgan voqealarni xotirasida qayta tiklamoqqa urinardi. Shuuridagi ana shu xohish asnosida xavotirli nigohi xonaning kichkinagina tuynugiga intiq tikildi. tutilmogʻi avom oʻrtasida vujudga kelajak norizolikning oldini olmogʻi tayin edi. Amirlik mansabidan sarmast boʻla boshlagan gʻilay solor valine’matlari farmonini tezlikda bajarmoqlikka oshiqdi. Hali tong otmadi chogʻi. U egnidagi xonaki chakmoniga bir qur qarab qoʻyarkan, ilki ila boshidagi taqyasini paypasladi-da, xiyonatkorlar tuzukroq kiyinib olmoqqa ham imkon bermaganliklarini esladi. Shu oʻtgan oz muddat ichida nimalar roʻy berdi oʻzi?..

Aslida keksa vazir yoshi oʻtib qolganidanmi yoxud boshidagi tafakkur tugʻyonlari boismi, kam uyqu edi. Biroq bu kech ne gʻaflat bosdiki, xufton namozini ado etiboq koʻzlarini uyqu elitdiyu toʻshakka yon berdi. Iblis alayhila’naning makrini qarang-ki, uyquning zoʻridan shaharda kechgan shuncha toʻs-toʻpolonni ham sezmabdi. Boʻlmasa, u sulton boshkentni tark etgandan buyon goʻyo shahar darvozasida qoyim turgan tungi posbon misol hamisha sergak edi. Ming nadomatkim, bu kecha xushyorlikni unutdi, gʻanimlarning hufiya rejalari ijobati uchun imkon yaratib qoʻydi. U oʻz xobgohida qachonlardan beri ayro tushgani-mast uyqu ogʻushida edi. Bir zamon vaziri a’zamning boshqa payt boʻlsa bundayin yumushga aslo jur’at etolmasligi ayon, kichik xizmatchilaridan birovi xobgohga dod sola kirib keldi. Nizom ul Mulk uyqudan uygʻonib, hali oʻzini oʻnglab olmasidan, ne hodisa roʻy berayotganligini ilgʻamasidan xonani shaqir-shuqir, dupur-dupur tovushlari bosib ketdi. Chunki bir necha qurollangan sipohiylar xonaga chopa kirib, u ichra doira bino etdilar.

-Bu ne adabsizlik?! -deya hayqirdi vaziri a’zam oʻrnidan qoʻpib.

Oxirida kirib kelgan solor unga magʻrur boqarkan, dedi:

-Shahzoda Muhammad Takash ibn Alp Arslon janobi oliylarining farmonlariga binoan siz bandi etildingiz.

Vaziri a’zam ana shundagina poytaxtda xiyonat roʻy berganligini angladi. Angladi-yu aqli kalta bu sipohi-yu ularning soloriga qaytib bir soʻz demadi. Bularga soʻz aytmoqlik devorning qulogʻi bor deya oʻylamoq ila barobar edi.

Ne boʻlganda ham vaziri a’zamga aziyat yetkazmoqqa bu avboshlarning birortalari jur’at qilolmadilar. Boshkentda harchand qiyomat qoʻpib, har bir sak oʻz sohibidan yuz oʻgirmoqqa hozir turgani bilan bularni keksa Nizom ul Mulkning salobati bosdimi yoxud farmoni oliyni kutib shunday qildilarmi, biron bir nojoʻya sa’y etmadilar. Faqat zindonning alohida xonasiga kiritib, eshik oldiga bir emas, ikki emas, toʻrt sipohiyni posbon etdilar. Zindon xizmatchilari tugul hatto zindonbonga ham ixtiyor bermadilar. Bu voqeotlarni koʻrib, kuzatgan bir zakiy zot topilgudek boʻlsa, shahar uzra va uning chekka-chekkalarida ham shavkatli sulton Malikshohning haybatu ruhi ogoh turganligini fahmlamogʻi mumkin edi.

Mana endi qorongʻu zindonda oʻltirgancha oʻzini oʻzi gʻadablamoqda. Umr shomida endi bu ne gʻaflat, ne sharmandalik boʻldi? Sulton hazratlari unga inonib qoldirgan boshkentni, taxtni bir zumda oyoq osti qilmoqliklariga imkon bersa-ya! Shu paytgacha Isfahon ichra ne hodisotlar roʻy berdi ekan? Malikalar, shahzodalar omonmikinlar? Ishqilib ularning qoni toʻkilmasin! Amirullashkar qaylarda qoldiykin? Yoki uni?.. Umar Xayyomchi?.. Ular ila qay yoʻl ila robita oʻrnatmogʻi mumkin? Keksa vazir zulmat ichra noayonlik ogʻushida karaxtlanib borarkan, ogoh odam shohu, dunyodan ogoh boʻlmagan shoh esa ojizu notavon kimsaga oʻxshab qolmogʻini taqi bir bora anglardi.

Tashqaridan odamlarning shovqin-suronlari elas-elas eshitilardi. Tong otmoqda chogʻi?.. Shu payt eshik ochilib, roʻbaroʻsida zindonbon paydo boʻldi. Uning ilkida ancha uringan obdasta bor edi.

-Assalomu alaykum, hazrati oliylari!-dedi u egilib.

Vaziri a’zam unga savol nazari ila magʻrur tikilib turardi.

-Bomdodga tahorat olsangiz deb...

-Sen kimsen? -soʻradi vazir biroz gʻazab ila.

-Zindonbonmen.

Nizom ul Mulk uning soʻz ohangidan ortiqcha gap lozim emasligini tushundi.

Zindonbon ustaomon odam edi. U sulton Malikshohning qudratini, mana bu bandi vaziri a’zamning esa aqli donishini fahmlaganligi bois saljuqiy saltanatning inqiroziga inonmas, mazkur toʻs-toʻpolonlar vaqtincha ekanligiga aqli yetib turardi. Shul bois ta’ma ilinjida otni qamchilardi.

-Mendin Umar Xayyomga xabar ber. Qogʻoz keltir, noma bitib berurmen. -dedi vaziri a’zam tahorat olarkan.

-Meni qayta kiritmoqlari dushvor. -shipshidi zindonbon.

Eshik shaqirlab ochilib, bir sipohiyning qorasi koʻrindi.

-Nega imillaysen, hoy, zulmat sohibi?!-deya dagʻdagʻa qildi u. -Tez boʻl!

-Sa’y etib koʻr. -dedi shivirlab vazir.

Biroq zindonbon uning oldiga qaytib kirmadi (ehtimol kiritishmagandir). Umar Xayyomni ham bandi etganliklarini keyinroq eshitdi. Biron bir tadbir qoʻllamoqlikka qancha urinmasin harakatlari nafsiz qoldi. Eshik oldidagi sarbozlar isyonning soʻnggi kunlarigacha u yerni tark etmadilar. Vaziri a’zam malika-yu shahzodalar hibsda, Xayyom zindonda, Isfahon amiri raxnda ekanligidan xabar topgach, kutmoqdan, Ollohga tavakkul qilmoqlikdan oʻzga chora yoʻqligini tushundi...

4

Muhammad Takash nihoyat sulton Malikshoh saroyiga, yanaki mamlakatning eng nufuzli mashvaratu kengashlari oʻtguvchi xosxona-taxt poyiga kirib bordi. U bu yerga koʻp bor kirgan va aytmoq joizki, bu muhtasham qasrning har bir ustuni, qandilu darichasidan tortib naqshlaridagi turfa jilolarigacha unga juda yaxshi tanish edi. Avvallari kengash yoxud boshqa biron yigʻin bahona huzuri muborakka kirganida, qasrdagi har bir nimarsaga, ayniqsa, uning hashamat va ulugʻvorligiga havas ila tikilar, goho bularning bari oʻziniki boʻlishi mumikinligini oʻylab, yuragi orziqib ketar, bu orziqish ortidan koʻnglida sultonga nisbatan kuchli nafratu hasad vujudga kelardi. Biroq unda bu qasrga kirganida va hattoki sultonning oʻtligʻ qahriga roʻbaroʻ kelganida ham vujudida hozirgidek titroq, tushuniksiz qoʻrquv kezinmasdi, shuurini ishgʻol etib, oʻz xohishiga boʻysundirmasdi. Ayni damda esa, buyuk saljuqiy saltanatning tillodan yasalgan ulugʻvor taxtiga tikilib turarkan, jismida nimarsadir quyiga tomon oqa boshladiki, boʻgʻinlari boʻshashib, suyaklari toldi, yuragi ostiga tosh qadalgan misol pastga osilaverdi. Tanidan mador ketdi, koʻzlari namlangan mengiz boʻlsa, ogʻzi quruqshadi. Vujudini titroqqa solgan boyagidan ham koʻra kuchliroq qoʻrquv paydo boʻldi. Oqir-ogʻir yutinarkan, oʻrtandi, dod deb yuborgisi keldi. Shundagina u oʻzining naqadar ojiz ekanligini, aslida mamlakat taxti uchun yaralmaganligini angladi. Anglagan sari xoʻrligi keldi, bariga qoʻl siltab, togʻu toshlarga ketmoqni istadi. Biroq endi kech edi, borliqda karvon ortidan koʻtarilgan gardgina qolgandi. Endi ortga chekinish mumkin emasdi...

Bolaligida padari sulton Alp Arslon uni xushlamaydigandek tuyulaverardi. Turli anjumanlarga, ayniqsa, harb ilmiga bois mashqlarda-chavandozlik yoxud qilichbozlik kabi saboqlarda sulton otasi unga u qadar roʻyxushlik bermas, hamisha bir yoshga katta boʻlmish oʻgʻli Jaloliddin Malikshohga mayl bildirardi. Uning har bir harakatlaridan va hatto nuqsonlaridan ham zavqlanar, agar biron borada qoyil qoldirsa bormi, tinmay olqishlardi. Unga sayin Jaloliddin kundan-kun har sohada mohir boʻlib, jussasi yiriklashib, toʻlishib, bilaklariga kuch quyilib borardi. U chinakam zabardast yigitga aylanib, ulugʻvorlik kasb etaverardi...

Takash ila esa undayin munosabatda boʻlmasdi, hattoki koʻpincha unga e’tibor ham qilmasdi. Buni Takash oʻzining kanizakdan tugʻilganligi tufayli deb bilar va shul sababli ham tobora ezilib, pismiqlashib borardi. Bola qalbiga bu muomala qattiq ta’sir etganligidanmi, padaridan ham, shahzodalar uchun majburiy boʻlgan harb mashqlaridan ham uzoqlashaverdi. Nisbatan kuchsiz va jur’atsizligi ham shundan ediki, biron yumushni qilishdan avval uzoq ikkilanib, oqibatidan shubhalanib, hurkib turardi. Bu fe’li uni ulgʻaygach ham tark etmadi, aytmoq joizki, mudom ta’qib qiladi. U faqatgina kabutarlar davrasidagina oʻzini erkinu ozod va hattoki jur’atli sezardi. Ehtimol biron bir insonshunosmi yoxud qalbshunosmi topilib, Takashni taftish etsa-yu va uning hoʻyini toʻla anglasa, har qandayin raqibni unga kabutarlari parvoz etganda roʻbaroʻ qilarmidi. Oʻshanda balki u mislsiz pahlavonga evrilib, har ne gʻanimni yakson etarmidi. Uning kabutarlarga oshiqligini bilgan odam bunga ishonishi tayin edi.

Avval aytilganidek, taxtga oʻltirmiz saljuqiy hukmdorlar atrofidagi tojga dahl qilishi mumkin barcha da’vogar jigarlarini bir chetdan qatl etaverardi. Takash oʻzining hamon tirik yurganligiga goho hayron boʻlar, ishonmasdi ham. Nega endi ogʻasi sulton Malikshoh uning joniga qasd qilmadi- u huddi mana shuni tushunolmasdi. Sulton Malikshoh esa inisini nechun qatl etmaganligini juda yaxshi bilardi, bilganligi uchun ham oʻylagan rejasining intihosini kutibmi yoki boshqa bir murodi bormi, jon qasdini kechiktirardi. Takash, ayniqsa, bolaligida bir umr qisinib-qimtinib, oʻksinib yashadi. U hamisha Jaloliddinga hasad qilardi, biroq jur’atsizligi bois hasadu nafratni ham evlay olmasdi, yelkasini qisib, ezilgani-ezilgan edi. Oʻz magʻlubiyatini omadsizlikka yoʻyib va hatto jismidagi tugʻma, nuqson mengiz tushunib, bosh koʻtarmoqdan tiyilardi. Bu otasiga yoqmas, ogʻasi esa uning bundayin kechmishlaridan huzurlanardi. Ana oʻsha huzur (yoki uning humorimi) sultonni hanuz tark etmas, oʻz jigarining magʻlubiyatidan, alamzadaligidan zafar nashidasini surardi. Takash uning yengib, boʻyinsundirib yashashdek insoniy tuygʻusiga posangi vazifasini oʻtardi. U inisidagi hasad oʻtini yana va yana alangalatib, uning ojiz boqishlaridan, pinhoniy toʻlgʻonishlaridan qalbida huzur tuyardi. Shuning uchun ham uni qatl etmasdi.

Muhammad Takash taxtga oʻltirolmadi, oyoqlari titrab, quyidagi kursiga choʻkdi.

-Shahzodam!-dedi Qazviniy xushomadgoʻylarcha ta’zim qilib, -Endi bu taxt sizniki. Uni muborak eting!

-Keyin. -deya Takash boshini egdi. -Toliqdim... Amir eting, tanavvul va may hozirlasinlar.- U chindan-da xorgʻin va ayanchli koʻrinar, tobora choʻkib borayotganligini oʻzi ham sezar, his qilar, shuning uchun chorasizday tuyulardi.

U bundan boʻlishini kutmagandi, taxtga oʻltiramanu buyuk saltanatni idora qilishga tushaman, deb oʻylagandi. Lekin unday boʻlib chiqmadi, mana oʻshal taxt roʻbaroʻsida turibdi, ikki qadam bossa yetadi. Biroq ana oʻsha ikki qadamga holi kelmadi. Endi hech qachon bu taxtga oʻltira olmasligiga uning aqli yetdi, faqat buni toʻla tan olishni istamagani kabi boshqalar bilib qolishlarini , siridan voqif boʻlishlarini ham xohlamasdi. Qolaversa, mamlakatni idora etmoqni nimadan boshlamoq lozimligini ham bilmas, vaziri a’zam tartib bergan davlat tizimining sir-asrorlaridan bexabar edi. Oʻzi tan olmasa-da, saljuqiylar davlatida barqaror boʻlgan devonlarning yumushlariga-da aqli yetmasdi. Shul bois endi u oʻz xatosining alamini may zahridan ola boshladi. Devonning boʻyin egmagan amaldorlarini qatorasiga zindonband etaverganliklaridan davlat ishlari oʻlda-joʻlda qoldi. Shahar hayoti izdan chiqdi, oʻgʻrilik, talonchilik koʻpaydi. Sulton Malikshoh taraf jon qaygʻusiga tushgan ba’zi mansabdorlar, katta savdogarlar pinhona shaharni tark etmoqqa tushdilar. Xullas, koʻhna Isfahon xiyonat botqogʻiga botib, boshini zulmat qopladi.

Shohona dasturxon uzra sarxush oʻltirganlarida oʻzini vaziri a’zam darajasiga koʻtargan Qazviniy Takashni Nizom ul Mulk va Xayyomni qatl etmoqqa undadi, hech yoʻq qatlga ijozat berishligini oʻtindi. Bu kabi qistovlar keyingi kunlarda ham muntazam davom etdi. Ammo Takash qay ahvolda boʻlmasin uning bu oʻtinchini qat’iyat ila rad etardi. U qalbining bir burjida saqlangan chimdimgina nur tufayli bu ikki insonning ulugʻ maqomini his qilardi chogʻi.

Filhaqiqat, Muhammad Takash qilgʻilikni qilib qoʻygach, bu qilmishining oqibatini oʻylab, vahimaga tushaverdi. Maishatga va ayniqsa, ichkilikka ruju qoʻydi, kechalari uyqusini yoʻqotdi. Ehtimol chindan ham sulton Malikshohning Olloh bergan biron xislati bormidi yoxud bu taxti oliy afsunu amal ila barqarormidi, har qalay Takash toj kiyib, oʻshal taxtga oʻltirmoqqa jur’at etolmasdi.

Oradan bir necha hafta oʻtgach, shoirlik toʻnini yopingan makkor Qazviniy bu telbamonand, oʻzi aytmoqchi, xezalakmijoz shahzodaga inonib, xato qilganligini tushunib yetdi. Anglab yetdi-yu jon qaygʻusiga tushib qoldi...

Oltinchi bob

1

Sulton Malikshoh Jayhun uzra koʻpriklar qurishni nihoyalab, Termiz fathini koʻzlab qadim daryo sohilida oʻltirganida padari buzrukvorining qismatini taqi bir bora yodiga oldi. U huddi mana shu joyda, manov shashtli daryo guvohligida Yusuf otligʻ choʻbonning tigʻiga roʻbaroʻ kelgan edi. Uning valiahdi ham yana shul manzilda turibdi. Erta tongdan Termiz sari yurish boshlaydi. Malikshoh Termizni ham, Buxoroni va umuman butun Movarounnahrni ham hech qanday malolatsiz qoʻlga kiritmogʻiga ishonar, Ahmadxonning oʻziga munosib raqib emasligini juda yaxshi bilardi. Biroq hozir uning yuragini nechukdir mahzunlik egallab, bashar boshida hamisha tigʻ tutib turgan urush, qirgʻinbarotlardan soviy boshladi. Shuurida oʻz taqdiriga nisbatan ojizona isyon vujudga keldi. Mijjalari achishib, bagʻri oʻrtandi. Dunyoning yarmiga hukmron boʻlgan saljuqiy sulton ayni damda dod solmoqni istardi. Lekin hozirgi koʻyini oʻzi anglamas, bu bandaning oʻz sohibiga, yanada ravshanrogʻi, oʻz asliga intilishi ekanligini tushunolmasdi. Shuningdek, bu holi oʻtkinchi edi, hademay qudratli va viqorli sulton Malikshohning oʻz suratiga taqi qaytmogʻi aniq edi.

Tong saharlab Termiz sari yurish boshladilar. Moʻr-malax singari adogʻsiz qoʻshin bu qadim shaharni hech qanday qarshiliksiz egalladilar. Oradan bir hafta oʻtgach esa saljuqiy lashkar Buxoro boʻsagʻasida turardi. Qoraxoniy hukmdor Ahmadxonni tor-mor etish, lashkarining zaifligidanmi yoxud avomning unga qarshi boʻlganligidanmi, u qadar mushkul kechmadi. Bir kunda Buxoroi azim Malikshoh ilkiga oʻtdi. Ahmadxonni tutib, bandi etib, Isfahon sari yoʻlladi. Bu ila malika Turkon Xotunga oʻz mehrini ayon etmoqchi boʻldimi va yoki uning nasabini kamsitib, pinhona huzur topmoqchimidi- noma’lum. Har tugul soʻnggi qoraxoniyzodaga shafqat qilgani rost.

Undan uyogʻi Shosh, Sayram, Andigonu Oʻzgan kabi yirik shaharlar esa-da, Saljuqiylarga u qadar qarshilik koʻrsatmadilar. Nihoyat sulton Malikshoh Qashqar sari koʻz tikkanida, uning xonidan elchilar keldi. Qashqar xoni sovgʻa sifatida olam-jahon oltinu kumush va argʻumoqlarni yoʻllab, sulton Malikshohga boj-xiroj toʻlamoqqa tayyor ekanligini, uning nomini xutbaga qoʻshib oʻqitishligini ma’lum qilgan edi. Malikshohning suvratu ismini oltin tangalarga zarb etib yoʻllabdi. Bundan sulton benihoya shodlandi va Qashqarga yurish qilmasdan ortiga qaytmoqlikka jazm etdi. Ayni mana shu paytda uning huzuriga Mikoil yetib bordi...

Sulton gʻazabnok boʻldi va oʻsha onning oʻzidayoq xos navkarlarini otlantirib, bir qism zarbdor qoʻshin tuzdi-da, boshkentga yoʻlladi. Qoʻshin amiriga Isfahonni zudlik bilan egallab, xiyonatkorlarni beshafqatlarcha tor-mor etmoqlikni amr etdi. Soʻzining soʻngida sohib devon Nizom ul mulk va amirul fuzalo Umar Xayyomni ne tadbir ila boʻlsa-da omonda saqlamoqlikni buyurdi. Ushbu farmonni berdi-yu donishmand ustozi Nizom ul Mulk va lutfi xoʻb nadimi shoir Umar Xayyomni dil-dilidan sogʻinganligini his etdi. His etdi-yu bagʻri sim-sim oʻrtandi. Manov olis yurtlarda, chang-toʻzon va dashtu biyobonlarni kezaverib, qon toʻkaverib hamda faqatgina eranlar orasida yuraverib dagʻallashgan sarbozlarning hayqiriqlari, otlaru fillarning boʻkirishlari, yarogʻlaru arobalar, manjanaqlar shaqir-shuquri ostida buyuk bir sogʻinch ila angladiki, ul ikki ulugʻ zot naqadar goʻzal va dilbar insonlar ekan. Demakki, toʻzonu baqiriqlarga toʻla bu dunyoda, ul ikki ziyopesha birisi tunda Oy, birisi kunda Quyosh yangligʻ ekanlar.

Koʻp ilmlardan boxabar boʻlgan sulton ilmning, hikmatu ziyoning ma’nisiga mana endi taqi bir bora yetdi. Ilmu san’atga, olimu fuzalolarga homiylik qilmoq- bu hali ilmni anglamoq emas ekan. O, battol Takash! Seni ini demoqlikdin or eturmen. Oʻshanda nechuk seni ham qatl etmadim?! Nechuk boʻgʻzingga choʻgʻ tiqmadim?! Babibir kanizakdan boʻlganliginggʻa bording sen xiyonatkor. Yo alhazar! Shundayin buyuk saltanatning poytaxtini egallamoq shunchalar oson boʻlsa-ya?! Vaziri a’zam gʻaflatda qolmish chogʻi. Men kimga ishondimu dorussaltanatda bunchalar oz qoʻshin qoldirdim? Asli aybdor men, asli gʻofil men!.. Sulton ot uzra Isfahon sari borarkan, tinmay oʻzini gʻadablardi. U saltanatni yoxud taxtni yoʻqotishdan vahmga tushmasdi, ular uchun qaygʻurmasdi. Uni otashin etib, alamga solgan xiyonat va aziz kishilarining qorongʻu taqdirlari edi. Takash hukmdorlikni evlay olmasligini u yaxshi bilardi va poytaxtni ham, taxtni ham tezlikda qaytarib olmogʻini sezib turardi. Biroq nobakor inisi oʻshal ongacha biron mudhish yumushni amalga oshirib qoʻymogʻi mumkin. Malikshoh shundan qoʻrqardi. O, xiyonat olovida jizgʻinak boʻlgur Takash, ilkimga tushgʻaysen hali!..

Bu paytga kelib saljuqlar saltanatining sarhadlari hofiqaynda (Sharqu Gʻarbda) bir yoni Shomu Ajam, bir yoni Rumoyu Vizantiyadan Rofidayn (Messopotamiya) gacha, buyogʻi Qay (Moʻgʻuliston), Chin (Xitoy) oʻlkalarigacha choʻzilgandi. Bu juda ham ulkan bir mamalakatni tashkil etardi. Sulton Malikshoh oʻzining shuuri-yu shamshiri va quvvai hofizasi ila mana shu cheksiz-chegarasiz saltanatni idora etardi. U har qanday gʻanimning koʻziga tik boqishga, shamshiriga shamshir urishga qodir edi. Valekin shuncha kuchu qudrati ila xiyonatning hiylasi qoshida gʻofil gʻoldi. Yoʻq, Takash bundayin kabir yumushga qodir emas. Uni biron bir ustomon yoʻlga solganligi shubhasiz. Kim boʻlishi mumkin oʻshal ustomon? Oʻzgalar huzurida otga dadil minolmaydigan, shamshir qay tomonga osilishini bilmaydigan kabutar jinnisi taxtga da’vogarlik qila olarmidi. Taxtga roʻbaroʻ kelgan taqdirda ham unga qay tarafdan oʻltirishni bilmas. Oʻzing ojizlarning ojizi boʻlsangu!.. Yoxud ismoiliylar bosh qoʻshdilarmikin? U yoqda sakvachcha Hasan (Sabboh) quturgandan-quturmoqda. Arslon Tosh ne qildi ekan? Alamit olindimikin? Nahotki inisi Takash ismoiliylar domiga tushgan boʻlsa? Unda ahvol jiddiy boʻlgʻuvsi!..

2

Malikshoh yoʻllagan xos lashkar Isfahonga sunbulaning adogʻida yetib keldi. Bu payt Hasan Sabboh qoʻnim topgan Alamit qal’asini ishgʻol etish uchun ketgan amirlar amiri Arslon Tosh boshliq qoʻshin ham shahar boʻsagʻasida turardi. Soʻngroq ma’lum boʻlishicha, bu qoʻshin Alamitni uzoq muddat qamal qilib turishiga qaramasdan, uni olishga musharraf boʻlolmabdi, oxir oqibat amir Arslon Tosh ixtiyori ila ortiga qaytibdi. Hozir esa ular Isfahonda ne voqea roʻy berganligini, ne tadbir qoʻllash lozimligini bilolmay boshlari qotib turar edilar. Mashriqdan sultonning xos qoʻshini yetib kelgach, shahar ostonasida haybatli bir toʻlqin paydo boʻldi. Bu toʻlqinning vahimasi, turgan gapki, shahar uzra ham yoyilib, Muhammad Takash qulogʻiga-da yetib bordi va uning yuragiga gʻulgʻula soldi. Sultonlikni orzulab, xiyonatga qoʻl urgan sarxush shahzoda oʻsha zahotiyoq adoyi tamom boʻlib, jon qaygʻusiga tushib qoldi.

-Yo Olloh!.. -derdi u oʻzini u tomondan-bu tomonga urib, -Tamom boʻldim! Xonavayron boʻldim!.. Shaytonning soʻziga yurib... Oʻz panohingda asra, yo Olloh!..

Shahar ahli ham oyoqqa qalqa boshladi. Rahnga olingan amirning ixtiyorsiz boʻyinsundirilgan sarbozlari orasida gʻalayon koʻtarildi. Shahar darvozasi oldida hayqirayotgan sulton qoʻshinining haybati ularga kuch berdi. Ular izdan chiqqan, toʻs-toʻpolonga koʻmilgan shahar hayoti ichra asta-sekin bir boshga ixtiyor bergan xaloskor jamoaga aylana boshladilar. Bir kunning oʻzida koʻhna Isfahon sulton Malikshohning nomini ulugʻlamoqqa tushdi. Hatto Takashga ixtiyorli sipohiylar ham sulton tarafiga oʻtmoqda edilar.

Ustomon va hiylagar Qazviniyning anovi hezalak Takashdan allaqachonoq xafsalasi pir boʻlgan esa-da, biron moʻ’jiza roʻy berib, ulugʻ martabalarga erishmoqlikdan ham umidvor edi. Biroq hozirgidek evrilishni kutmagandi. Endi bir chora qoʻllamasa boʻlmas, aks holda oʻlim sharpasi yovuq koʻrinadur. U uzoq oʻylanib oʻltirmadi, bir pasgina xayolchan turdi-yu ishonch ila oʻrnidan qoʻzgʻoldi. Zindonbonga borib, uning ilkiga katta aqcha tutqazdi. Umri bino boʻlib bunaqa moʻl tillo tangalarni ushlamagan zindonbonning koʻzlari otilib ketmoqqa hozirlandilar.

-Hojam ne istaydilar? -dedi Qazviniyning qoshida egilib.

-Biron mushti ogʻir xizmatchingni topib, meni kaltaklashga amr etursen.

Zindonbonning koʻz soqqalari bu gapdan soʻng shu qadar tashqariga otildilarki, ortidagi qizil tomirlari ham koʻrinib ketdi.

-Xojam?!..

-Amrimni bajar, illo bu sirdin kimsa voqif boʻlsa, boshing ketadur.

Zindonbon ogʻir bir yutinib, kafti ila boʻynini silab qoʻydi-da, baland ovozda birovni chorladi. Koʻp oʻtmay ularning qarshisida qop-qora devqomat bir isqirt kimsa paydo boʻldi. Endi Qazviniy shoʻrlikning koʻzlari qinidan chiqmoqqa urindilar. Lekin taqdirga tan bermoqdin oʻza chorasi qolmadi.

-Mana bu odamni oʻz oshyoningga olib kirib obdon doʻpposlaysen, toki... -zindonbon shunday derkan Qazviniyga sinovchan nigoh tashlab qoʻydi. -Toki xushi ogʻmaguncha...

Isqirt darranda mengiz bir irilladi-da, qop-qora, iflos ilkini shoirning yelkasiga qoʻyib, oldinga siltadi. Qazviniy zindonbonga ayanchli va shuningdek, iltijoli nigoh tashlab qoʻyib, oʻzi bitgan taqdir izmiga boʻyinsundi...

Oʻsha kuni kechga tomon xiyonatchilarga qarshi bosh koʻtarganlar tartibsiz bir ravishda yarogʻ ila ish koʻrgan boʻlsalar-da, eng avvalo malikalaru ularning qasrlarini va shahzodalarni himoyatga oldilar. Takashning tarqoq qoʻshinlari ila koʻcha janglari boshlandi. Hammayoqni qiy-chuv, baqir-chaqiru ohu faryodlar tutib ketdi. Shaharning ba’zi joylarida gurillagan olovlarning tillari osmonning yuzini yalamoqdan beri boʻldilar. Ichkaridan berilgan zarbga toqat qilolmagan xiyonatkorlarning shahar darvozasida turgan qoʻriqchilari avvali jon tashvishida, qolaversa, sultonning tarafdorlaridan himoyalanmoq ilinjida oʻz joylarini tark etishga majbur boʻldilar. Shomdan soʻng shahar tashqarisida turgan zarbdor qoʻshin ham birvarakay hujum boshladi. Jangning boshidayoq devor ustidagi yoyandoz va «olov otuvchilar» (saqichni yondirib otuvchilar), joylarini tashlab qochishga tushdilar. Natijada sulton qoʻshinlarining shaharga kirishi osonlashdi. Shundan soʻng shahar uzra qiyomat qoʻpdi. Qasos oʻtida yopirilgan behisob qoʻshin xiyonatkor sipohiylarni ayovsiz qira boshladi. Takashning tarafdorlari ikki oʻt orasida qoldilar, ba’zilari qurollarini tashlab, tiz choʻkib, tavba qilmoqqa tushdilar. Biroq ularning iltijolari farmoni oliydan kuch olgan lashkarga aslo kor qilmas va barchalarini bir-bir qilichdan oʻtkazardi...

Amir Arslon Tosh boshliq qoʻshin sulton hazratlarining farzandlari va zavjalarining himoyasini oʻz nazoratiga olgach, avvalo hukmdorning irodasiga binoan Nizom ul Mulk hamda Umar Xayyomning, qolaversa, sultonning boshqa tarafdorlari jonlarini ham omonda saqlamoq niyatida zindon sari yoʻl oldilar. U yerdan soppa-sogʻ vaziri a’zam, Xayyom va uning shogirdlarini hamda a’zoyi badani koʻkarib, qontalash boʻlgan, soʻl ilkining suyagi singan Qazviniyni chala oʻlik ahvolda ozod qildilar. Nihoyat zafar tantanalari yangrab, shahar osmonini sulton Malikshoh sha’niga aytilgan olqish xitoblari tutdi...

Shokir Talx oʻshanda oʻzining hamrohi ila rasadxonadan chiqib, shaharga kirib olgan boʻlsalar-da, shu paytgacha tahlikada yashadilar. Butun Isfahon ahli singari ularning ham kasb-koru tirikchiliklaridan putur ketdi. Ba’zi kunlari och qolishib, qorinlariga tosh boylashga majbur boʻldilar. Goʻdaklarning ohu nolalaridan zada boʻlsalar-da, Takashning beta’sir va ochkoʻzu beshafqat navkarlaridan jon saqlash uchun tishlarini tishlariga qoʻydilar. Sultonning tezroq qaytmogʻini soʻrab Ollohga iltijolar qildilar. Mana endi muzaffar qoʻshinning na’ralari ortidan tong saharda koʻchaga chiqdilar. Talx sulton sha’niga aytilayotgan hamdu sanolarga oʻz fe’liga zid ravishda beixtiyor qoʻshilarkan, nigohi shahar koʻchalari uzra tentiydi. Hozir shaharni mutlaqo tanib boʻlmasdi: koʻchalar oʻliklarga, turli qurol-yarogʻu buyumlarga toʻlgan. Qachonlardan beri farroshlar ilki tegib, supurib-sidirilmaganidan koʻp joylarda ahlatlar koʻrinar, bir soʻz ila ta’rif etilsa, boshkentni fayzu farishtalar tark etgandi. Ba’zi qulagan, kuyib qoraygan devorlar koʻzga xunuk koʻrinsa, u yer-bu yerda mudom lovullayotgan olovlar yuraklarga vahm solardi.

Shokir Talx va uning hamrohi ehtiyotkor qadamlar ila bosh maydon sari oʻtdilar. Hamma balo mana shu joydan boshlangandi, mana endi u qonga belangan oʻliklarga toʻlib yotibdi. Ana, Takash oʻz hukmbardorligini boshlagan supa-mungʻaygancha turibdi. Yo Olloh! Anov mayyit tanish koʻrinadurmi? Ha-ha, bu axir Takashning barzangi gʻilay solori-ku! Uning jagʻi qattiq zarbdan majaqlangan, sogʻ koʻzi olaygancha ochiq qolgan. Bechora muhtasib Badriyning boshini u huddi shu yerda huddi shunday majaqlab tashlagandi. Qaytar dunyo ekan-da! Yoʻq, itga it oʻlimi deganlari shu!..

Maydonning zindonga eltuvchi tomonida bir toʻp kishilar koʻrindilar. Ularning oldida Xayyom, uning shogirdlari Vositiy va Isfazariy kelardilar. Boshqalar kabi shoirning ham yuzi soʻlgʻin, koʻzi ichiga botgan, soch-soqoli oʻsib, ayanchli koʻrinar, lekin magʻrur va bardam edi. U kelarkan,ushbuni pichirlardi:

Bu saroyda Bahrom ichar edi jom,
Endi kiyik, tulki oladi orom.
Bir umr qulonlar ovlar edi u,
Oʻlimga qulonday ovlandi Bahrom...

3

Sulton dorussaltanatga kuz oxirida-vodiy shahar boʻlmish Isfahonning tanni junjiktiruvchi izgʻirinlari kezina boshlaganda yetib keldi. Xiyonatkorlar bartaraf etilib, shahar taqi sulton kishilari ilkiga oʻtgandan keyingi muddat ichida boshkent koʻchalari, maydonu bozorlari supurib-sidirildi, vayron boʻlgan bino-yu devorlar qayta tiklandi. Xullas, shahar husnida kuzga monand kulrang-qoramtir rang gʻolib boʻlsa-da, unga fayz qayta boshladi. Odamlarning yuz-koʻzlarida tabassum, muomalalarida taqi avvalgidek mutoyibalar paydo boʻldi. Bozorlar gavjumlashib, rastalarga baraka kirdi. Shahristondagi hunarmandlar doʻkonu hujralarida yana hayot nafasi ufurib, turfa gap-soʻzlar eshitila boshladi. Koʻhna Isfahon baralla quchoq yozib, oʻz sohibini kutib oldi. Qal’a devorlari uzra karnay-surna-yu doʻmbiralar yangradi.

Sulton Malikshoh choparlar orqali shaharning oʻz ilkiga oʻtganligini eshitgan boʻlsa-da, poytaxt boʻsagʻasiga ruhsiz bir kayfiyatda yetib keldi. U huzuriga peshvoz chiqqan Nizom ul Mulk va suhbati xush nadimi Umar Xayyom ila quchoqlashib koʻrishgach, qalbida ajib ravshanlashuv roʻy berdi. Xorgʻin va soʻlgʻin yuzini tark etganiga necha kunlar boʻlgan tabassum yana chehrasiga qaytdi. Choʻlning samum- (garmsel)larida qoraygan yuziga oppoq tishlari marjon boʻldi. U oʻz inisidan koʻrgan xiyonat tufayli ancha iztirobga tushib, dargʻazab boʻlgan edi va ana shu kechmishlari uni toliqtirgandi. Biroq endi angladiki, ul toliqish, yaqin va suygan kishilarining sogʻinchi qoshida hech ekan. Sulton chindan ham oʻz yaqinlarini juda-juda sogʻingandi...

Malikshoh shunchalar horigani bilan ertasi kuniyoq xiyonatkor Takashni koʻrmoqni, uning basharasiga bir bora razm solmoqni ixtiyor etdi. Hukmdorning amri vojib-Takashni sultonning koʻpchilikdan pinhon boʻlgan kichik hordiq xonasiga keltirdilar. Uning oyoq-qoʻllari ozod edi, yuzi-yu tanasida zoʻrlikning, zarblar yoxud qiynoqlarning hech qanday aksi koʻrinmasdi. Chunki farmoni oliy boʻlmay turib sultonzodalarga ozor bermoqqa hech kimning haddi sigʻmasdi. Lekin u battar ozib ketgan, shunday boʻlsa-da, ayanchli koʻrinmas, nigohida avvalgi qoʻrquv, xavotir yoʻq edi. U xotirjam va magʻrur turardi. Chamasi, bandilikda yotgan kunlarida, qilmishlarini sarhisob etib, oʻzini xiyla tutib olgandi. Ehtimol avvalgi mavhum kechmishlar barham topib, nima boʻlganda ham, ertangi taqdiri ayonlashgani unga kuch berib, koʻngliga halovat solgandir.

U sultonga ta’zim qilmadi, boshini magʻrur tutib turaverdi. Bu ila roʻbaroʻsida oʻltirgan ogʻasiga «men ham sen kabi sultonzodamen», degandek boʻldi.

Sulton Malikshoh qaboqlari osilgan koʻyi qimir etmay oʻltirar, nigohi Takashga qattiq qadalgandi. U gʻazabnok edi, biroq ovozi bosiq chiqdi:

-Ne itligʻ qildingʻ, nobakor?! -Sultonning gʻazabda ekanligini uning odatdagidek saljuqiy-turkiy talaffuzda soʻzlay boshlaganidan ham bilmoq mumkin edi. -Kavushingʻgʻa choʻgʻ tushib edimiki, tek oʻltirolmay, xiyonat koʻchasigʻa ayagʻ bostingʻ!..

Takash koʻzlarini olib qochdi.

-Xiyonatkorligʻim rost, tonmasmen. Biroq bu hodisalar kutilmaganda, mening ixtiyorimdin ayru bir holatda jadallashib ketdi. Bilmay qoldim, sultonim, shayton yoʻldan urdi!..

-Xiyonatkorningʻ jazosi ne? -soʻradi sulton yerga qaragan koʻyi atrofidagilardan javob kutganday biroz sukut saqlab.

Bu savol-javobga vaziri a’zam, Xayyom, Arslon Tosh va taqi bir amir guvoh edilar. Lekin ularning birontasi sultonning soʻrogʻiga javob berib, sado chiqarmadilar. Sulton boyagidek bosiq ovozda savolini yana qaytardi.

Mudom barcha jim.

-Oʻlimga ham tayyormen! -dedi nihoyat Takash xasta bir ovozda.

-Oʻlim sengʻa jazo emas, tuhfa boʻlur, it! Toki sen bizningʻ muzaffar taqdirimizgʻa voqif boʻlib, umr oʻtqazgʻaysen.

Takashning nigohida hayrat va xavotir aks etdi.

-Koʻziga mil tortilsin!.. -dedi sulton keskin va haligi amirga buyurdi. -Soʻng zindonga tashlansin.

-Yoʻ-oʻq!.. -Takash oh urib yubordi. -Faqat bu emas, sultonim! Kabutarlarim parvozini koʻrmoqlikdin mahrum etmang meni!.. Yaxshisi qatl ettiring, ogʻa!..

-Olib chiqingʻ!.. -dedi sulton yuzini ters burib.

Takashni sudradilar. U esa dahshat ila hayqira boshladi:

-Ilohi, roʻshnolik koʻrmagʻaysen, sulton! Ilohi, juvonmarg oʻlgʻaysen!..

Hamma bosh egib, jim qoldi. Xayyom ham soʻzsiz turarkan, bagʻrida ojiz bir oʻrtanish ila vujudida titroq uygʻondi. Ollohning koʻngil atalmish moʻ’jizasini qarang-a! Shʻundayin xatokor va hatto johil bandaning koʻnglida bir chimdim nurga joy bera olgan Kariymning qudratiga ming tasanno. Mana shu kimsaning qalbiga kabutar ishqini ato etib, bir hikmat yaratmish. Shoir shularni oʻylarkan, Takashga rahmi kelib ketdi. Yoʻq, haqiqati, unga emas, uning koʻnglidagi bir chimdim yorugʻ tuygʻuga achindi. Axir dunyoni shu yangligʻ yorugʻ tuygʻular, ezguliklar tutib turmayaptimi! Demakki, oʻshal yorugʻlikning zavol topmogʻiga bu ham sherik ekan-da? Vo darigʻ! Ayni damda sulton hazratalariga soʻz aytmoq arining iniga choʻp suqmoq ila barobardir... Xayyom sultonga biron soʻz aytmoqqa botinolmadi. Aytsa, vaziri a’zam aytardi. Yo tavba, sening shuuringda kechgan oʻyni vaziri a’zam qayoqdan bilsin, ehtimol bu kabi fikrlar uning xayoliga umuman kelmagandir. Ha, shoʻrlik Takash hiyla ishlatmoqni, ustomonlik qilmoqni ham evlay olmadi. Har tugul uning fe’lida mardlik, toʻgʻrilik bor ekan. Ammo Qazviniy barchani dogʻda qoldirdi. Koʻngli sezib turibdi -aslida bechora Takashni xiyonatga undagan ham ana oʻsha gʻalamis chiqar. Biroq oʻzini saqlay bildi, chorasiz qolgach, hiyla ishlatdi chogʻi. Biron kimsa uning haqida yomon gap aytmadi, uning toʻgʻrisida sultonga chaquv yetmadi. Xayyomning ilkidan esa bundayin yumush kelmas, birovning ustidan chaquv qilmoq uning fe’liga yot. Lekin baribir shoirlar amiri ham bir kun kelib albatta fosh boʻlgʻuvsi.

Sulton Alamit olinmaganligi haqidagi xabarni eshitib ham ancha dilgir boʻlgandi. U padari buzrukvori sulton Alp Arslonga ham sadoqat ila xizmat qilgan amiri Arslon Toshga qattiq ishonardi. Shuning uchun ham bu xabardan achchiqlandi. Arslon Toshdek pahlavon bir necha oylab qamalda tutib ham ishgʻol etolmagan ekan, demak, bu Alamit deganlari juda mustahkam qal’a boʻlib, uning xojasi Hasan Sabboh bemisl bir sohibi qudrat ekan-da. Darvoqe, hufiyalarning xabarlariga qaraganda, bu Hasan otligʻ tarror kunbotar tarafdagi Iyso alayhissalom qavmlariga, ularning hukmdorlariga ham dahl qila boshlaganmish. Hattoki ba’zi sohibi davlatlarini qatl ham ettirganmish. Yo Olloh! Bu ne baloi ofat boʻldi? Yoxud kitoblarda aytilgan Dajjol oʻshalmikin-a? Unda oʻshal Hasanning angoriga bir boqmoq darkor. Ehtimol koʻzi bittadir!.. Sultoning kulgisi qistadi. Bu holatini bilintirmaslikka urinib, atrofidagilarga zimdan nazar tashladi. Hozirgina nechuk hukm etdi-yu, endi boshida aylangan oʻylarni qarang. Yo tavba!.. Uning nigohi ancha qarigan, bir necha haftalik bandilik tufayli ozib, xorgʻin turgan Nizom ul Mulk va Xayyomda toʻxtab, koʻnglida iliqlik paydo boʻldi. Keyingi kunlarda sultonning mehri bu ikki a’yoniga nisbatan beixtiyor ravishda ortgandan ortib borardi. U bu mehr Ollohdan ekanligini endi-endi anglay boshladi...

Hukmdor qolganlarga ijozat berib, vaziri a’zam va shoirning suhbatini ixtiyor etdi...

Sulton Malikshoh bir hafta hordiq olgach, arkoni davlatni saroyga-mashvaratga chorladi. U har safargidek, yaqindagina Takash koʻz tikib, bir lahza oʻtira olish tugul hatto yaqinlashmoqqa jur’at etolmagan ulkan taxtda avvalgidan-da ulugʻvor qiyofada oʻltirardi. Yuz-koʻzida oʻychanlik va shuningdek, har ne irodani mahf etmoqqa qodir jiddiylik, aytmoq mumkinki, sirlilik zohir edi. Koʻpchilik koʻnikib ketgan «yosh sulton» endi ancha ulgʻaygan, sochi va soqol-moʻylabiga ham bitta-ikkita oq oralagandi. U bir qadar tund va soʻnik koʻrinsa-da, kayfiyati ancha xush, xayoli yangi rejalar ila band edi. Sulton yaqinginada oʻzgalar ilkiga oʻtib ketishi mumkin boʻlgan davlatni yangi bir qurb va shijoat ila idora etishga kirishmoqda edi.

Qarshisida oʻsha toʻs-toʻpolonlar tufayli xiyolgina siyraklashgan arkoni davlat qoʻl qovushtirib turibdilar. Ularning orasida muhtasib, Takash va taqi bir necha kishilar yoʻq, shoʻrliklarning ba’zilari xiyonat qurboni boʻlgan esalar, ba’zilarining oʻz xiyonatlari boshlariga yetdi.

Butun qiyofasida keksalikning borki sifatlari zuhur eta boshlagan vaziri a’zam va hibsdaligida tugʻilgan, pishib yetilgan fikrlarini qogʻozga tushirmoqqa berilganligi bois hozir ham pinhona tafakkur ummonida suzayotgan Xayyom Sulton hazratlariga mamnun boqib turardilar. Nizom ul Mulkning vujudida huzurbaxsh bir halovat sobit edi. Bu halovat kishi keksayganida, ayniqsa, qadrli va muhim ediki, ancha muddat sohibi toj e’tiboridan chetda qolib, avom tilida aytganda, «ichikkan» vaziri a’zam uni uzoq kutdi. U sulton ila bir umrga «yuz koʻrmas» boʻldim, deya xayol qilgandi va shuning uchun ham qattiq iztirobda qolgandi. Hamisha hukmdoru xalq nazarida boʻlib kelgan odamning birdaniga bu etiboru nazardan ayrilmogʻi ta’rifsiz va hatto oliy jazo edi. Nizom ul Mulk bu jazoga ma’lum fursat mustahiq etilgan esa-da, endi undan butkul xalos boʻlgandi. Chunki sulton unga taqi mehru hurmat nazari ila boqmoqda edi.

Olampanohning soʻl yonida turgan Qazviniy esa bir qadar choʻkkan, oʻzi yasagan achchiq qismat tufayli orttirgan jarohatlari tuzalgan boʻlsa-da, rang-roʻyi soʻlgʻin va za’faron edi. Singan qoʻli taxtakachlanib, mudom boʻyniga osilgan koʻyi turardi. U butun suratu siyrati va harakatlari ila oʻzini koʻp aziyatu jafo tortgan kimsa qilib koʻrsatishga urinardi. Qaniydi hamma uning koʻrgiliklarini, azoblarini sezsa, his qilsa. Afsuski koʻplarning nigohida malomat koʻradur. Ishqilib uning nomini tilga olib qolmasalar boʻlgani. Shundogʻam soʻngaklarigacha qaltirab, oyoqda bazoʻr turibdi, mabodo ismini aytguday boʻlsalar bormi, joni chiqib ketishi tayin. Necha kunlarki koʻzlari uyqu bilmaydi, koʻzlarini yumdi deguncha bir qora sharpa bosib kelaveradi. Tunu kun miyasida nimadir gʻingʻirlagani gʻingʻirlagan. Bu yurak qurgʻur buncha tez urmasa!..

Sulton salobatli, biroq kutilmaganda burungilarga nisbatan muloyim ovozda soʻz boshladi. U davlatning izdan chiqqan ishlarini tartibga solmoq, shaharni obod qilmoq, xiyonatkor mansabdorlarning mol-mulklarini musodara etmoq va ularning oʻrinlariga munosib kishilarni tayinlamoq xususida gapirdi. Koʻklamdan boshlab boshkentda taqi bir kattakon dorushshifo (shifoxona) qurishga kirishmoq haqida farmon berdi. Rasadxona va madrasalarga berilguvchi aqchalar miqdorini yanada oshirdi. Bu farmonlar har bora sulton lafzidan uchganda uning ovoziga a’yonlarning tahsinu olqishlari ulandi. Nihoyat hukmdor iqtalarning tasarrufi xususida ham soʻz aytdi:

-Egasiz qolgʻon iqtalarning hisobini olib, sohiblilarini ham hadga solmoq joiz. Zero sulton nim tabassum ila vaziri a’zamga oʻgirildi, -borki yerlarni yangitdan hisob-kitob etmoq ham saltanat foydasidin holi boʻlmas.

Nizom ul Mulk xiyol bosh egib, ta’zim qildi:

-Haq gapni aytdingiz, olampanoh.

-Bu mushkulotdin holi oʻlaroq-soʻzida davom etdi sulton. -urugʻlik xususida ham bosh qotirmoq lozim. Boisi-xiyonatkorlarning bir necha oylik talon-tarojlari tufayli xalq urugʻlik donlaridin-da mahrum boʻlgan chiqar. Illo hali zamon koʻklam kirib keladi, el-ulus oʻz rizqini zaminga sochib, Olloh taolo inoyati ila barakotligʻ etmogʻi kerak. Shuning uchun bu yumushning ham taraddudini koʻrsinlar. -U taqi vaziri a’zamga qarab qoʻydi. Shu gapdan soʻng Sulton biroz oʻyga tolib turgach, yuzi yanada jiddiy tus olib, soʻzida davom etdi.-Gʻalamislar uyasi Alamitni yakson etmogʻimiz - u endi amir Arslon Toshga ta’nali koʻz tashladi. -shart va uning sohibi, koʻppaklar sardori Hasanni ham jazoga mustahiq etgaymiz. Bunga bizning kuch-qudratimiz yetadir, birovlar shubha koʻzi ila qaramasinlar. Bir sodiq amirimizning-sulton bu soʻzga oʻzga ma’no berib aytdi, -tadbiru chorasizligʻi bizga magʻlubiyat boʻlmagʻay?!..

Arslon Tosh bosh egib, qip-qizargan koʻyi soʻzsiz qotdi.

Ozgina fursatdan soʻng sultonning chehrasi qayta ochilib, Xayyomga qaradi.

-Rasadxonada ne gaplar, yo sohibi nujum?

-Boshkentdagi toʻpolonlar sabab biroz susaygan ilm amallari taqi-da jadallashmoqda. -dedi Xayyom sergak tortib.

-Yulduzlarning hisobiga yetay dedingizmu?-deya mutoyiba etgan Sulton bilinar-bilinmas jilmaydi.

Bundan ilhomlangan shoir ham shunga munosib lutf etdi:

-Koinot sultonimiz saltanatining sarhadlari yangligʻ cheksizki, undagi yulduzlarning hisobiga yetib boʻlsa. Illo yulduzlari adadi olampanohning saxovatlari mengizdir.

Sulton bu gapdan erib ketdi-da, baralla kulib yubordi. Unga a’yonlar ham ergashib, ofarinlar aytdilar.

Qazviniy Xayyomning muzaffarlik tantanasidek tuyulgan gap-soʻzlari-yu qiyofasidan battar ezilib borardi. Ayni shuning ustiga sultonning farmonbardor ovozi yangradi:

-Nadimimiz Umar Xayyom janoblariga zarrin xil’at in’om etilsun!

Qazviniy adoyi tamom boʻldi.

Barcha shoirni shohona tuhfa ila muborakbod etib boʻlgach, sulton yana jiddiy tus oldi. Qoshlari chimirildi.

-Kimlardir oʻz xiyonatini pinhon tutib, omon qolgʻon boʻlishlari mumkin. -Hukmdor Qazviniyga tuyqus bir nazar tashlab qoʻydi. -Vale omon qolgʻonliklari ular uchun ikki hissa jazo boʻlgʻay. Chunki bir bora nomaqbulni yegan kimsa, yana qayta albatta yeyajak!..

Hamma oʻychan bir qiyofada jim qoldi.

Yettinchi bob

1

Xayyom zindondaligida rasadxonani, yulduzlarni va ayniqsa, xoma-yu davotni juda-juda sogʻingan edi. Shul bois qish chillasining uzun kechalarini aksari ijod ila mashgʻullikda oʻtkazardi. Ayni kunlarda riyoziyotga oid muhim bir risolasini yakuniga yetkazmoqda edi. Hibsdaligida shuurida nihoyasiga yetgan bu asar «Uqlidus kitobiga kirish mushkulotlariga izohlar» deb atalardi. U oʻzining gʻoyibona ustozi Uqlidus hazratlari ila mudom gʻoyibona birga edi, uni oʻrganmoqdan tolmasdi. Bandilikda yotgan onlarida ham u haqda, uning buyuk kashfiyotlari borasida koʻp oʻyladi. Oʻshanda olimning ikki yondosh chiziqlar haqidagi hech qanday isbotu dalil talab etmaydigan, biroq Xayyom bir umr oʻzi uchun qayta-qayta isbotlab kelayotgan beshinchi qoidasi uni taqi iztirobga soldi. Bu foniy dunyoning, inson hayotining butun mazmun-mohiyatini oʻzida jam etgan bu qoida chinakam moʻ’jizaning huddi oʻzginasi edi. Ikki yondosh chiziqlar hech qachon birlashmaydilar, illo ezgulik va yovuzlik, ziyo-yu jaholat ham aynan shunday. Lekin ular koʻzdan olislashib borgani sarin bir nuqtada tutashganday tuyulishi mumkin, yovuqlashib borganda esa yana ayro-ayro qoladilar. Aslida ham shu yangligʻ-bir qarashda yaxshilik va yomonlik qovushgan kabi koʻringani bilan ularning birikmogʻi haqiqatga butkul ziddir. Xayyom xayolan yondosh hadlar chizaverdi, ular zindonning u devoridan bu devoriga urilaverdilaru ammo aslo tutashmadilar. Shundan soʻng xayoliy hadlar devorlarni ham teshib oʻtib ketdilar va mavhum bir zamonning mavhum bir makonida tutashganday tuyuldilar. Balki oʻsha zamon va makon Tangrining dargohidir? Xayyom farosat ilmini (logikani), falsafiy fikrlashni suyardi, biroq bu ilmlarda xato ketish moʻlligini, ayniqsa, farosat ilmida chalgʻish, «bir yoqlarga yoʻl solish» oson kechishini ham bilardi. Ehtimol shuning uchun ham ahli shariat, ulamolar faylasuflarni suymaslar. Rost, faylasuflarda chuqur ketish bor. Ammo u faylasuf emas-ku! Balki shoir ham emasdir? Yoʻq, shoirligi rost. Unda shoirlar chinakam faylasuflar ekanligiga ne deydi? Shariat ahli faylasuflarni gohida hatto kuffor (kofirlar)ga ham tenglaydilar. Astagʻfurilloh! Nahotki Forobiy, Abu Alilar kofir boʻlsalar?! Oʻshanda bandi shoirning xayolida ushbu satrlar dunyoga keldi:

Meni faylasuf deb, yov qilur xato,
Men unday emasman, biladi Xudo.
Shu qaygʻu uyiga kelgach, oʻzimni
Kim bilsam, oʻshandan kamroqman hatto.

Vo darigʻ, bilmasmisanki, ey, Ibrohim chodirdoʻzning oʻgʻli Abulfath, bu bevafo dunyo kimga vafo qilibdi? Agar vafo qilgan esa ham oʻshal bevafolarga vafo qilmish. Yana she’r...

Ey charx, gardishingdan emasman xursand,
Ozod et, yarashmas menga hech bul band.
Nodon, noahilga gar karam qilsang,
Men ham emasmen-ku ahli donishmand.

Xayyomning koʻngli shu kunlarda ham ayni oʻshanday koʻyda edi. Yana uni may ishqi bedor etar. Kunni tunlarga, tunlarni kunlarga ulab ichaverardi. Avvalgi zikr ila mashgʻullik, uzluksiz ibodat barham topib, bagʻrida bemisl bir oʻt yonardi. Xonasiga, rasadxonaga va hatto olamga sigʻmay oʻz qalbiga kirib ketardi. Uning huru ozod ma’vosida sarxush kezar, yozar va oʻshal hurlikni, dahlsizlikni oʻz yozmishlariga ixtiyorsiz ravishda singdirib tashlardi. Joʻngina va hatto dagʻalroq tuyulgan toʻrt satrda basharning kitoblarida yozib tugatilmagan hikmatlar zuhr etardi. Xayyom oʻzidan mosuvo boʻlib, ijod ummonida gʻarq edi.

Choshgohga yaqin taqi Maryamning padari rohib Arturni koʻrgani kirdi. U anchadan buyon betob edi. Mana, oʻshal tanish qorongʻu hujra. Qish emasmi, kunning darichadan tushayotgan ojiz nurlari xonaning qorongʻuligiga urilib, battar kuchsizlanadilar. Hujraning bu koʻr tusiga qish chillasining rutubatli uzun kechalari va unda kezingan oʻlim sharpasiningmi nuqsi ham urganligidan kishining oyeshu yelkalari ogʻirlashib borayotgandek tuyuladi. Oʻchoqda yonayotgan olovning aksi qoraygan shiftning bolorlarini yalaydi va yana qaysidir qorongʻuliklariga urilgisi, ularni yoritgisi keladi-yu ojiz qoladi...

Rohib Artur koʻzlari yumuq koʻyi chalqancha yotibdi. Yelkalari toʻlgʻona-toʻlgʻona qiynalib nafas oladi. Quyuq soqol-moʻylovlari endi butkul oqargan, yonboshdan goʻyo qor bosgan adirliklarga oʻxshab koʻrinadi. Katta burni qir ustidagi qoya yangligʻ. Uning qiyofasi shu qadar ulugʻvor. Yonida oʻltirgan Maryamning ilkida kitob, unga koʻz qadagancha nimalarnidir pichirlab oʻqiydi (Ba’zi oʻquvchilar axir xona qorongʻu boʻlsa, qiz qanday qilib kitob oʻqishi mumkin,deya e’tiroz etsalar ham ajabmas. Lekin ul zamon kishilarining koʻzlari bilan zamondoshlarimizning koʻzlari oʻrtasida katta farq mavjud. U paytlarda kishilar ancha-muncha qorongʻulikda ham bemalol kitob oʻqib, yoza olar edilar. Bizning koʻzlarni esa son-sanoqsiz yorugʻlik manbalari shu ahvolga soldi.)

Xayyomning ohista tomoq qirib kirib kelganini koʻrgan Maryam irgʻib oʻrnidan turarkan, bosh egib, ta’zim qildi.

-Xush kelgʻaysiz, ustoz! Assalomu alaykum.

-Vaalaykum assalom. Omonmisizlar?

Ikkisi roʻbaroʻ oʻltirdilar.

Artur hamon uyquda edi.

-Tuzukmi? -deya soʻradi Xayyom bemorga ishora qilib, past ovozda.

-Shukur!.. -qizning boʻgʻziga yigʻi tiqildi, gapining davomini aytolmadi.

Aslida shoir ham bu soʻroqni taomilga binoan beixtiyor bergan edi. Chunki rohibning dardi ogʻirligini, bedavo ekanligini juda yaxshi bilardi. Axir uni Xayyomning oʻzi qolib, vaziri a’zamning himmati ila yana ne-ne tabiblar koʻrmadilar. Biroq iloj topilmadi, Arturning kasalligi davosiz edi-oʻpkasi quriy boshlagandi. Endi uning qazosini kutish qolgandi xolos. Maryam esa bundan bexabar edi, tunu kun iltijo qilib, padarining sogʻaymogʻini tilardi. Shoʻrlik qizning bu musofir yurtda otasidan oʻzga yaqin kishisi yoʻq edi. Hattoki Vatani ham undan juda-juda olisda edi. Agar otasi qazo qilguday boʻlsa, hayhotdek olamda huvillab, kimsasiz qolishi tayin edi. Juda nari borsa, uning uchun Xayyom yaqin kishi qavmida boʻlishi mumkin, ammo u sarkash xayolli, sohir koʻngilli, darvishfe’lli bir shoir edi. Uning koʻngil koʻyidan xiyonatdan oʻzga hamma narsani kutmoqlik mumkin edi. Demakki, Maryam bechora bir buyuk ayriliq oldida turganidan xabarsiz, hasta otasi uchun dil-dilidan iztirob chekardi.

Shoir ne qilib boʻlsa-da, qizni chalgʻitmoq zarurligini payqadi. Payqadi-yu gapni nimadan boshlashini bilmay, taraddudlanib qoldi.

-Ne mutolaa etursen, Bibi? -deya soʻradi nihoyat qizni erkalashga urinib.

Maryam yoshli koʻzlarini artib, bejirim burnini yoqimli bir tarzda asta tortib qoʻyarkan,

-Aflotunni oʻqiydurmen.-dedi tizzadagi kitobni yopib.

-Qay tilda?

-Yunoncha.

-Ofarin, Maryam! Sen bizlardin oʻzibsen. Chunki Aflotunni har kishi ham tushuna olmas. Yanaki uning oʻz tilida. -Xayyom bu soʻzlarni chin aytdi.

Ammo Maryam mahzun bir tarzda jilmayarkan,

-Ustoz mubolagʻa etadur. Bizning urinish ul kishining ulugʻligi qoshida bir havas erur. -dedi kamtarinlik ila.

-Voh, Bibi, sen xato aytursen!

Shu payt Xayyom ovozini balandlatib yubordimi, mudom uxlab yotgan rohib koʻzlarini ochdi. Biroz shiftga termulib yotgach, shuuri tiniqlashib, yonidagi kishilarni payqadi.

-Assalom, ey, shoirlar shoiri!-dedi boshini xiyol burib.

Xayyom unga yaqinlashdi.

-Olloh dardingizga shifo ato etsin. -dedi samimiy ovozda. -Qalay, dardingiz yengillashdimi?-Shukur!.. -Rohib xirillab, bazoʻr soʻzlardi, -Qaynoq sharbat keltir mehmonga, qizim.

Qiz oʻrnidan turayotganda shoir uni qaytardi.

-Ovora boʻlma. -Soʻng taqi Arturga qayrildi. -Men tayyorlab bergan damlamalarni ichayotirsizmi?

-Ha, tashakkur... (Rohibning nigohida tuyqusdan oʻychanlik paydo boʻldi. -Bu kech Iyso alayhissalomni tush koʻribmen. -Shu gapni bazoʻr aytdi-yu birdan uni yoʻtal tutdi. Boʻgʻriqib-boʻgʻriqib yoʻtaldi. Qizi uning boshini koʻtarib, sovutilgan giyohli damlama ichirdi. Yoʻtali bosilgach, picha xansirab yotdi.

Xayyom hayron edi: rohib Iyso paygʻambarning ismini hurmat ila islomiy tarzda «Iyso alayhissalom» deb aytdi. Bu Xayyomga va yoxud barcha musulmonlarga hurmat tufayli edimi yoki boshqa biron boisi bormidi, shoirga noayon.

Artur nafas rostlab olgach, nihoyat taqi tilga kirdi:

-Keng bir biyobon emish. Bu biyobon esa hasta-yu koʻr va gung, choʻlogʻu moxov, yana shu kabi nosogʻ odamlar ila toʻla emish, Hazrati Iyso... -Shu nomni aytishi bilan rohibning koʻzi yoshlanib, boʻgʻziga yigʻi tiqildi. -Ul zot esa bir ulkan tosh ustida turib, bemorlarni birin-ketin tuzatib, karomatu moʻ’jiza koʻrsatarmish. Men ham oʻsha odamlar ichra emishmen. Bir zamon surila-surila paygʻambar alayhissalomga roʻbaroʻ turibmenu. Ul zot shul qadar goʻzal, nurli edilar. Koʻzlarim qamashdi. Uzun sochlaridan goʻyo suv tomchilayotgandek koʻrinardi. Shunda Hazrati Iyso oʻng qoʻlini yelkam uzra bir siltadi-da, nimanidir ichimdan sugʻirib oldi. Ilkida kuygandek qop-qora boʻlgan mening oʻpkam turardi. Men oh urib yubordim. Soʻng u kishi yoqimli jilmaydilar-da, «endi sen sogʻayding», dedilar!.. -Rohibning koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgandi. -Keyin esa... -Tushining davomini aytishni istamadi, chunki qizi boshqacha tushunib, qaygʻuga botishi mumkin edi. U tushida otasini koʻrdi -oppoq kiyimda emish. Huddi tiriklik paytdagidek choʻbon tayogʻini tutib, qoʻy boqib yurganmish. «Yur men bilan.-debdi u oʻgʻliga, -tiniq buloqqa olib boraman.» Ha, padari choʻbon edi va togʻdagi barcha buloqlarni bilardi. Aziz Vatani, olis Vatanidagi buloqlarni. Rohibning lablariga togʻning muzdek, totli suvlari urilgandek boʻldi. Choʻzib xoʻrsindi, biroq tushining davomini qiziga ham, Xayyomga ham aytmadi. Qazosi yaqin koʻrinadi...

-Koʻp xosiyatli tush koʻribsiz, hazrat. -dedi Xayyom unga dalda berishga sa’y etib. -Illo shifo topmogʻingiz yaqin.

Rohibni yana yoʻtal tutdi. Yoʻtala-yoʻtala toliqdi, koʻzlarini yumib, tin oldi.

Xayyom Maryamga ishorat ila ketmogʻini ayon etib, eshikka tomon yoʻnaldi. Qiz uni kuzatib chiqdi.

-Bir gap boʻlsa, meni chorlamoqdin uyalma.-dedi qizga mehribonlik ila. -Darvoqe, oʻzing ham taomlanmoqni unutma.

-Xoʻp. -dedi Maryam xazin ovozda.

-Men Rindoniyga aytamen, taom keltirgay.

-Ovora boʻlmang, hazratim, taomni oʻzim hozirlaymen.

Xayyom mahzun bir kayfiyatda oshyonasiga qaytdi.

2

Asrdan soʻng Xayyomning huzuriga Rindoniy kirib keldi.

-Afu etgaysiz, xojam. Bu kun Mikoil ikkimiz daryoning girdobli joyiga dom solib edik. Xoʻp barakotligʻ baligʻlar ilinubdur. Ixtiyor etsangiz, bir baligʻxoʻrlik qilsak?

Shoir Artur va Maryamga achingani bois mudom dilgir edi. Rindning gapidan soʻng yuziga tabassum yugurdi.

-Baligʻxoʻrlikmi yoxud mayxoʻrlikmi, ey, Rind?-deya farroshga mutoyiba etdi.

-Ikkisi bir boʻlsa, tushu xushga hurlik keltirgay. Illo xoʻrlik qilmasak boʻldi-da, xojam.

Rindoniyning lutfi Xayyomga yoqib tushdi, qolaversa, keyingi kunlarda mayni moʻl ichganligi sababli ayni damda tomogʻi qaqrab borayotgandi.

-Xoʻp aytdingiz, Rind. Qani, keltiring oʻshal maqtaganingizni!

Keksa farrosh «xoʻp boʻladi, xojam» dedi-da, chiqib ketdi.

Filhaqiqat, shoir keyingi kunlarda koʻp may ichar, ayniqsa, tunlarni shu koʻyda bedor oʻtkazardi. Namozlari ketma-ket qazo boʻlar, sarxush holatda bu gunohi uchun qattiq ezilar, boʻgʻzi kuyib, Ollohga ovozsiz nola qilardi. Ba’zan esa tun boʻyi zikrulloh ila band boʻlardi. Shunday paytlarda ich-ichidan, qalbining qa’r-qa’ridan istigʻfor otilib, tavbalar qilardi, endi qaytib ichmaslikka oʻziga oʻzi soʻz berib, uzluksiz ibodat etmoqni orzulardi. Biroq tong otib, choshgoh, goho peshingacha bardoshi yetar, undan soʻng taqi bagʻri sim-sim oqib, sarxushlikka mayl sezardi. Ichgach esa bir ajib oʻylar, fikrlar urilib, nazdida, bu moddiy olam yoʻqdek, faqat va faqat tafakkur saltanatida yashayotgan kabi tuyulardi. Shundayin kechmishli kechalarda goho she’rga zoʻr berar, betakror, kuydirgulik va osiyona satrlar quyilib kelaverardi. Unga, uning koʻngliga aslida shu lozim edi, shundan huzurlanardi. Keyin gohida oʻzini oʻzi yanmoqqa, malomat etmoqqa tushib ketardi. Boshqalarni-ku qoʻying, ilmparast sultonga va hatto suyukli kishisi vaziri a’zamga ta’zim qilib, poy-patak boʻlganligidan nafratlanardi. Oʻz asliga, ya’niki siyratiga monand emasligidan, bu foniy dunyoda ozod-hur yashay olmayotganligidan oʻrtanardi, oʻkinardi. Men-bu men emas, derdi u oh urib, aslida bu yolgʻon dunyoda lim-lim paymonaga mengzagan suratim kezar. Yo, Olloh! Nahotki bu yolgʻonlarga, aldovlarga, suratu siyratning nomonandligiga koʻnib yashamoq menga qismat boʻlsa?! Nahot anov ojiz saboda ohista silkinayotgan yaproqchalik ham qurbim, isyonim boʻlmasa! Axir men sen tanlab, siylagan hur va sharaflangan odam emasmanmi?!..

Baliq juda xushxoʻr pishirilibdi. Bu Rind deganlari balo- uhdasidan chiqolmaydigan yumushi yoʻq. Ayniqsa, bu kabi pazandalik uning qonida bor- asli ahli Buxoroning «ilki totligʻ» boʻlishligini Xayyom juda yaxshi biladi. Buxoroda-Shams ul Mulk saroyida xizmatdaligida buning koʻp bora guvohi boʻlgan. Mubolagʻa ila lutf etilsa, buxoroliklarning kafti kaftgiru choʻmichda qabaradi.

Bir necha piyola mayi nob (toza musallas) ichilgach, ishtahalarga baraka kirdi. Uchovlon-Xayyom, Rindoniy va Mikoil baligʻxoʻrlikka zoʻr berdilar. Daryoning oqar suvida yashagan baligʻlarning goʻshti haliymdek, sermoy, qilustixonlardin holi edi. Shul bois va musallas tanlarini qizitib, oshqozonlariga shasht berganligidan to soʻnggi luqmagacha «talashib-talashib» yedilar. Lekin iyaklarning taqillashu shaqillashi uzoqqa choʻzilmadi, chunki mazali narsa hamisha oz, nari borsa, ozdek tuyulishi tayin edi. Ortidan taqi may simirdilar. Kuchli may barchalarini sarxush etib, dillaridan ixtiyor ketdi. Rindoniy belbogʻidan nayini olib, uning lablariga lab bosdi. Nay tuyqus mungligʻ-mungligʻ, oʻtligʻ-oʻtligʻ oh urib yubordi. Oradan hech qancha fursat oʻtmay, bu oh Xayyomning koʻngliga koʻchdi. Rindoniy daryodil, darvish xoʻyli kishi edi, shul bois uning bagʻridagi toshqin kuy ogʻushiga ham qoʻshilib ketardi va tinglaguvchi yuragiga borib urilardi. Shoir ana shu toshgan daryo toʻlqinlari qoʻynida suza boshlagandi. Uni sohir navo sarxush etib, ohangga monand tebranardi. Koʻzlari yumilgan boʻlsa-da, kipriklarining osti jizillab achishmoqqa tushgandi. U rohib Arturning tushidan mutaassir boʻlgandi. Uning tushi-Iyso alayhissalom ila yuzlashgani shafoatdin darak edi. Yo Olloh! Bunchalar karaming keng?

Nahotki nomuslim bir zot shafoat topsa?! Uning ne amali senga xush kelib, bu ulugʻ ne’matingni ato etding? Axir u iymonga kelmagan-ku! Sen qayoqdan bilursen, gʻofil banda, inson qalbini, uning asrorini anglamoq oson boʻlibdurmi! Olloh istasa, har ne boʻlmogʻi mumkin. Ne boʻlganda ham baribir kalimai shahodatni uning yodiga solmoq lozim. Hech yoʻq qazo chogʻi iymonga kelsa ajabmas. Ehtimolki bu tushi uning soʻnggi nafasda iymon keltirishiga ishoratdir?.. Yo alhazar! Oʻzing ne noqis ahvoldasenu, nohalol xamir (achitilgan ichimlik) ila bulgʻongansenu iymon haqida bahs etasen. Sening ul gʻayrimuslim rohibdan ne avlo joying bor? Ha, sen undan yuz chandon, ming chandon xarobroqsen! Vo-oh, bu ne sinoat, tangrim?! Oʻzim oʻzimda oʻzimdan oʻzgamen! Bu holim faqat oʻzinggga ayon emasmi! Na ilojimki, shul talx xamir meni hurlikka esh qilsa, seni vujud-vujudim ila his etmoqni osonlashtirsa?!.. Endi Xayyom kuy ogʻushida ucha boshladi. Bu holati oʻziga xush yoqib, parvozi soʻngini kutmadi-yu taqi tush haqida esladi. Odamlar tushida parvoz etadilar. Oʻzim ham necha bor uchganmen. Shundoqqina qulochingni yozib, yugura-yugura uchib ketaverasen. Olam poyingda qoladi. Toʻxta-toʻxta, nega endi bashar qavmi tushida ucha oladi-yu oʻngida bundan mahrum? Tushida uchibdimi, demakki, xushida ham bunga qodir. Yoki ruh parvoz etib, jism qolarmikin? Unda ruhni moddalashtirish lozim ekan-da. Yo tavba! Ne deb aljiraysen, ey chodirdoʻzning oʻgʻli. Axir ruh Ollohning siri, odamning oliy javhari boʻlsa-yu sen uni moddalashtirmoq istasang-a! Ammo baribir bani odamning bir kun kelib albatta parvoz etmogʻi tayin... Xayyom qaytib zaminga tushdi. Endi uning koʻksi hapqirib, koʻngli yana sim-sim oqa boshladi. Bu she’r sogʻinchi edi chogʻi, shuurida bir ajib fikrlar, ularni opichlagan soʻzlar tajalliy eta boshladi.

Rindoniy buni payqadimi yoxud oʻzi toliqdimi, nay chalishni toʻxtatib, shoirga ma’noli qaradi. Xayyomga shu kerak edi, u tanho qolmoqlikni istardi...

Rindoniy va Mikoil dasturxonni yigʻishtirib, chiqib ketdilar.

Xayyomning ixtiyori mastlikning hurlikka oshno ekanligi isboti uchun ogʻib borar, shuurida barq urgan har bir fikr uning foydasiga xizmat etmoqqa shaylanardi. Yo alhazar! Bu ne asror? Yoxud alayhila’naning makrimikin? Bunchalar xush yoqur dilga? Nechuk yigʻlagim kelur, faryod urib, Ollohga qovushgim kelur?!.. Boshida she’r aylana boshladi. Ilkiga xomani olib, haligina bitayotgani riyozatga oid risolasining ochiq turgan sahfasi hoshiyasiga yozmoqqa tushdi:

May ichsam egilib qoladi tizzam,
Oʻylasam gunohmas, sajda-ku bu ham.
Azaldan bilardi buni Haq oʻzi,
Shakkoklik emasmi, agar ichmasam!

Ogʻir bir yutindi-yu yozganlarini ovoz chiqarib oʻqib koʻrdi. Koʻngli toʻlmadi-da, battar ezildi. Yuragi hamishadagidek tushunuksiz oʻrtandi. Ne balomen-men balo?! Asli shakkok boʻla turib nelarni da’vo qilurmen? U piyolani toʻlatib may simirdi va bir muddat nafas yutib turdi. Goʻyo shu ila oʻzicha «insofga kelganday» boʻldi.

Ba’zilar xayoli mayda, ichkuda,
Ba’zilar mehrobda, dili osuda.
Bekor kishi yoʻqdir, barchaga tashvish,
Yolgʻiz Oʻzi uygʻoq, barcha uyquda.

Taqi takror oʻqidi. Endi qalbiga ojiz bir halovat epkini urilganday boʻldi. Bu koʻyi ortidan avval koʻksi, soʻng butun vujudi qiziy boshladi. Darichaga boqdi-allaqachon tun edi. Tashqariga oshiqdi. Kechki ayoz turganligi bois havo sovuq edi va shuning uchun rasadxona hovlisida biron kimsa koʻrinmasdi. Hammayoq jim-jit. Faqat oʻtinxona tarafdan Polvonning goho-goho pishillagani va ba’zan irillagani eshitilib qolardi. Yoʻq, aslo bu sukunat ham gʻanimat ekan, hademay togʻ tomondan esib, rasadxona devorlariga urilib, chiyillagan shamollar ovozi ham quloqqa chalindi. Hatto qayerdadir och boʻri uvladi.

Xayyomning tani lovullardi, shuning uchun unga qishning sovuq havosi ham xush yoqdi. Ana shu huzur ogʻushida soʻl tomonga oʻgirildi. Hozir u gʻalat bir holatda edi- sarxush boʻlib sarxush emas, xushyor boʻlib xushyor. Goʻyo muallaq bir ma’voda turardi-yu hamma narsani koʻra olardi. Tush bilan xush aro edi goʻyo. Qalbi juda-juda sezgin, shuuri bagʻoyat taniqlashgandi.

Ikkinchi qavatdagi yoʻlak adogʻidan rasadxona minorasi sari chiqilardi. U aylana pillapoyalar uzra minoraga koʻtarila boshladi. Qadamlari shu qadar yengil ediki, goʻyo uchayotgandek tuyulardi nazdida. Mana, nihoyat minoraning yuqorisiga-mezanaga chiqdi. Minoraning ikki tarafida kungurador darichalari borligidan bu joy ancha izgʻiringir edi. Ammo sarxush va shuningdek, vujudida misilsiz bir olov uygʻongan shoir sovuqni u qadar pisand etmasdi. Roʻbaroʻsidagi togʻ qorayib, ulkan devning yelkalari mengiz koʻrinadi. Osmon juda ham tiniq, toʻlin Oy kishi koʻngliga oydinlik solar darajada osmonni nurlarga chulgʻar, yulduzlar esa goʻyo qish ayozida sovuqqotgan yangligʻ qaltiray-qaltiray jimirlaydilar. U mana shu manzarani juda-juda xush koʻradi. Osmonni, yulduzlarni sogʻinadi, osmonning oshigʻi u. Hozir shundoqqina osmonning bagʻriga boshini qoʻyib turganga oʻxshaydi. Yulduzlar esa dona-dona boʻlib, koʻzlariga toʻkilayotgandek. Ana, Oy ustida Nohid yulduzi porlaydi. Manovi yerda esa Dubbi Akbar yulduzlari joylashgan. Somon yoʻli unga tutashib ketgan, uning ostidagi Hulkar choʻgʻ misoli miltiraydi. Ana, Zuhal, Mushtariy! Uning vujudida ajib, biroq tushunuksiz evrilish roʻy bermoqda edi. U butun koinotni his etardi goʻyo. Yulduzlar bir-bir uning koʻksiga bosh suqib, oʻzlari haqida hisob berardilar. U har bir yulduzni tanirdi, ularning qaysi burj ostida qay tariqa joylashganliklarini ham bilardi. O, falak qozoni, seni toʻntarib qoʻygan zotga behisob hamdu sanolar boʻlsin! Bu miltirab, jonimga oʻt solgan yulduzlarning, sayyoralarning har biriga qadar necha ming yillik masofa mavjud ekan? Ularning manov nurlari «yoʻlga chiqqaniga» qancha yillar boʻldi ekan? Ha, bir qutlugʻ kun kelib, raqamlar tilga kirgaylar va borki nimarsalarning hisob-kitobini soʻzlab bergaylar. Raqamlar Ollohning moʻ’jizasi, ular voqifu qodir boʻlmagan nimarsaning oʻzi yoʻq. Ehtimol yulduzlarning nuridan, ya’niki, nurdan, manov shamolning ovozidan ham tez yuruvchi markablar kashf etilib, bashar farzandi koinot sayriga, sayyoralar sayriga chiqmoqqa sazovor boʻlar? Shunday boʻlishi muqarrar, chunki oliy ne’mat boʻlmish shuur, tafakkur koʻp nimarsalarga qodir. Qaniydi oʻshal kunni koʻrolsam! U yulduzlarga intiq-intiq termulib, boʻgʻzi kuya-kuya yutindi. Bagʻri sim-sim erib, xayolida taqi she’r aylandi.

Bu bepoyon osmon holidan oson
Xabar topdi faqat ikki tur inson:
Yo yaxshi-yomondan xabardor olim,
Yo oʻzin bilmas mast, aqli parishon.

Zina tomondan qadam tovushlari eshitildi. She’ri lablarida qotib, ortiga oʻgrildi. Kim boʻldi u? Qadamlar sohibi uzoq kuttirmadi -oʻtrusida Maryam paydo boʻldi.

-Assalomu alaykum,ustoz!-dedi u bosh egib.

Xayyom ul tomon talpindi:

-Kel, Bibi, kel!.. -U bir taskinli vaslga mushtoq edi, shul bois ichidan olov otilganday boʻldi.

-Yulduzlar ila suhbatingizga halal bermadimmi?

-Aslo, Bibi! Aksincha, yulduzlar endi zaminga, sening poyingga tushadilar.

-Ustoz mubolagʻa etdilar. -Maryamning fors tilida biroz talaffuz ila soʻzlashi ham kishi koʻngliga erka bir huzur baxsh etardi. -Buning ustiga men ustozning tafakkur markabida koinotni sayr etmoq orzusidamen.

Xayyom qizning lutfidan mutaassir boʻlib zavqlandi va uning ilkidan tutdi. Qoʻllari choʻgʻdek issiq edi. Shoirniki esa ayozda uzoq turganidan muzdek boʻlib qolgandi. Shuning uchun bu issiq-sovuqlik ikkalalariga ham xush yoqdi.

-Otangning ahvoli durustmi? -soʻradi Xayyom mehribon ovozda.

-Shukur, yaxshi. Uxlab qoldi. Men esa dimiqdim, biroz havo olay deb, tashqariga chiqdim. Qarasam xonangizda yoʻqsiz. Haynahoy yulduzlar ila suhbat qurayotgan boʻlsalar kerak, deya bu yoqqa chiqdim. Yanglishmabmen!.. -Qiz oxirgi soʻzini juda xazin tovushda aytdi.

Shoir uni bagʻriga oldi.

-Otamdan ayrilib qolishdan juda-juda qoʻrqmoqdamen! -dedi Maryam nafaslari shoirning boʻyniga urilib.

-Qoʻrqma. Xudo xohlasa, padaring hali uzoq yashaydi. -Xayyom bu gapni aytishga aytdi-yu, unga oʻzi ham ishonmayotganligini his etdi. Bechora qizning otasidan boshqa kimi ham bor! Mabodo u qazo qilsa, Maryam bu yorugʻ olamda na Vatansiz, na bir jigarsiz tanho qoladi!.. Xayyom qizga juda-juda achinib ketdi.

-Yigʻlama, Bibi!-dedi yuzini silab, lablaridan ohista oʻparkan. Uning lablari bagʻoyat xushboʻy edi, butun vujudidan tanga oʻt solguvchi huzurbaxsh ifor ufurardi.

Shoir uni qattiqroq quchdi...

3

Uni tongga yaqin Rindoniy uygʻotdi.

-Rohib ogʻirlashib qolibdi, sizni chorlayotgan emish.-dedi u xavotirli ovozda.

Xayyom tezlikda tahorat olib, keksa rohibning hujrasi tomon oshiqdi.

Artur xirillab bazoʻr nafas olar, koʻksi nafas olishiga hamohang tarzda siltanib-siltanib qoʻyardi. Maryam esa uning yonida unsiz yigʻlab oʻltirardi.

Xayyomning kirganini koʻrib, rohibning nigohida xiyol quvonch zohir boʻldi.

-Tuzukmisiz, hazratim? -deya soʻradi shoir uni «hazrat» soʻzi ila ulugʻlashga sa’y etib. -Ancha bardam koʻrinadursiz.

-Bu soʻzlar ortiqcha.-dedi rohib xirqiroq ovozda. -Yaxshisi, mening soʻzlarimni tinglangiz, shoir.

Xayyom unga yaqinroq bordi.

-Qulogʻim sizda.

-Men Vatandin ayro tushdim. Bu shoʻrish hech kimsaning boshiga tushmasin, ilohi! Endi... -U bir pas nafas rostlab oldi. -Endi esa yolgʻiz qizimni taqi tanho tashlab ketayoturmen.

-Taqsir!.. -Xayyom uni bu ezgʻin xayollardan chalgʻitmoqchi boʻldi.

Maryamning yigʻisi avjlandi.

-Oʻtinamen, soʻzlarimni boʻlmang. Kunim bitganligi ayon koʻrinadur... Illo qizimni sizga, sizni esa Xudoga topshirdim! -Uni yoʻtal tutdi.

Shoir uning umri intihoga yetganligini sezdi. Shuning uchun iymonsiz holda rixlat qilmogʻini istamadi-da,

-La ilaha ilalloh, deng, hazrat, zora yengil tortsangiz. -dedi iltijoli ovozda.

-E, shoir, jon chiqar mahali qoʻrqqanlikdan bu soʻzni aytmoqdan ne naf?! Axir... -Rohib soʻl ilki ila kiyimining yoqasini tortib, koʻksini ochdi.-Men uni mana bu yerga jo etmishmen!

Xayyomning quloqlari shangʻillab ketdi. Hujra jaranglagandek boʻldi-yu, «la ilaha ilalloh» degan ehtirosli ovoz toʻxtovsiz ravishda eshitila boshladi. Shoir rohibning yalangʻoch koʻksiga boqib, hayrat ogʻushida lol qoldi. Uning yuragi koʻkrak qafasini teshib yuborgudek qattiq urar va boyagi ovoz oʻsha joydan eshitilardi. Aslida uning bu koʻrayotganlari chinmidi yoxud bir muddat alahsidimi, anglamadi, keyin ham anglolmadi. Ammo bularning bari gʻaybdan ekanligini sezib, bilib turardi. U hayratini yashirolmadi:

-Axir!.. -shoir uning belidagi chilvirga ishora qildi, -Zunnor?!..

Arturning lablarida ojizona tabassum balqidi:

-Agar shugina tufayli musulmon boʻlsam, minglab zunnorlarni yechmasmidim, yo, Abulfath!

Artur yostigʻining ostidan Mushaf (Qur’on)ni olib, oʻpdi, koʻzlariga surtdi-da, bagʻriga bosdi.

-Bu sharafga yetishmogʻim siz tufayli, xojam. -dedi soʻng.

Xayyom «yo Olloh!» deb yubordi titroq ichida.

Rohib mahzun turgan qiziga intiq termuldi. Soʻng:

-Ashhadu anna ilaha ilalloh va ashhadu anna Muhammudun abduhu va rasuluhu!-deya bir siltandi-da, koʻzlarini yumdi...

Arturning oʻlimi va uning buyuk iymon sohibi boʻla turib, birovga sezdirmagani Xayyomga qattiq ta’sir qildi. U bir gal Sulton ila shikorga chiqib, otashparastlar mubodi (ruhoniysi)ga roʻbaroʻ kelgan edi. Mubod ila suhbat qurganida ham huddi bugungidek mutaassir boʻlgandi.

Oʻshanda dashtda ov qilar edilar. Saydgarlar oʻlja koʻyida, boshqalar esa oʻz yumushlari ila andarmon boʻlgan paytda jonzotlar qoni isidan koʻngli allanechuk boʻlgan shoirning xayolini ancha naridagi doʻnglik toʻshida ne bilandir mashgʻul koʻringan odam tortdi. U biron xush suhbat istadimi yoxud har narsaga qiziquvchanligi tutdimi, oʻsha odam tomon yurdi. Unga yovuqlashavergach bildiki- u yontoq va saksovul, ya’ni oʻtin terayotgan ekan. Notanish kimsa u to yoniga kelib, salom bermaguncha ham parvo qilmay, oʻz yumushidan bosh koʻtarmadi. Musulmoncha salomni eshitib, qaddini rostladi va juda ham muloyim tabassum ila boqib, alik oldi. Uning ozgʻin yuzida soʻlgʻinlikka uyqash nurlilik zohir edi. Egnida uzun boʻz qabo, oʻsiq sochli boshiga oq kuloh kiygandi.

Uning harakatlari bagʻoyat ohista, ulardan uzoq yillar mobaynida koʻnikilgan xafsala sezilib turardi. Sira shoshilmas, unga boqib, hozir bajarayotgani bu yumush albatta bajarilishi muqarrar va agar bajarilmay qolsa ham hech narsa oʻzgarmasligiga boʻlgan ishonchni payqash mumkin edi. Xayyom uni yaqindan koʻriboq zardushtiy otashparast ekanligini fahmladi.

-Tangri yorlaqab nechuk bul jaziramada kezursiz? -deya soʻradi u Quyosh tafti ilohiy ne’mat ekanligiga ishorat etib.

-Shikorda edik... -degan shoir soʻzini ne deb davom ettirishni bilmay duduqlanib qoldi.

-Shikor yaxshi narsa. -dedi mubod Xayyomning yuzidagi aziyat va malol nishonasini sezib. Shuningdek, uning oʻz olamidan qochmoqni istayotganini ham angladi chogʻi. -Balki bizning makonda andak xordiq olursiz?-dedi u oʻtinlarini yelkalarkan.

Shoir koʻmak bermoqqa uringandi, koʻnmadi.

Doʻnglikning ortida-ancha narida koʻrinishidan tashlandiq bir xarobat makon bor ekan. Xayyom yaqin kelib bildiki, bu kunish (otashparastlarning ibodatxonasi) boʻlib, tashqarisi munchalar vayrona koʻringani bilan ichi nihoyatda ozoda va soʻlim edi. U yerdagi hamma narsa oʻz oʻrnida, tosh va loydan yasalgan oʻrindiqlar ham tartibli tarzda oʻrnatilgan. Asosiy xonaning toʻriga-mehrobga Quyosh surati chizilgan, uning ostida moychiroq miltillab yonib turibdi. Goʻyo har tarafdan ta’rifsiz halovat va sokinlik nafasi ufurib turganga oʻxshaydi. Kunishning bundayin koʻrinishi darvishlar ahvolini Xayyomning yodiga soldi. Tashi vayrona-yu chok-chok, ichi nurga chulgʻangan. Bu chin oshiqlar maqomi.

Mubod Xayyomni soʻl tomonidagi chogʻroq xonaga boshladi. U yerda turli-tuman idish-ayoqlar, suyuqligu turfa ma’danlar va taqi bir qancha nimarsalar tizib qoʻyilgandi. Quyidagi oʻchoqda olovning ojiz tili yiltiraydi. Biroq xona kishini sarxush etar darajada salqin edi.

Otashparast xumchadagi qizgʻish suyuqlikdan quyib, shoirga uzatdi. Bu yontoq qaynatmasi boʻlib, bagʻoyat chanqoqbosdi ichimlik edi. Xayyom juda tashna boʻlgandi, shuning uchun ichimlikni bir koʻtarishda sipqordi. Tani biroz orom olgach, atrofdagi narsalarga qiziquvchanlik ila nazar tashladi.

-Janoblari alkimyo ila mashgʻullik qilurlar chogʻi?-soʻradi soʻng turli toshlarga ishora qilib.

-Oʻzlari ham boxabarlar shekilli? -savolga savol qildi mubod.

Xayyom kamtarona jilmaydi:

-Bizniki bir havas, oʻqiganlarimdan anglashilgan ojiz bir fikr xolos.

-Alkimyoni oʻqib oʻrganib boʻlmas, u koʻngil ishidir.

Bu ikki odam asta-sekin suhbatga kirishib borar ekanlar, aytgan soʻzlari bir-birlariga malol kelmayotganligini payqamoqda edilarki, bu suhbatga avj berib, samimiyatni ustuvor etmoqda edi.

-Koʻngil?.. -Xayyom bu soʻzni beixtiyor aytib yuborgan boʻlsa-da, uning zamirida savol alomati mujassam edi. -Axir koʻngil modda emas-ku? Alkimyo esa moddalar uygʻunlashuviga asoslangan chogʻi? -Shoir oʻz savolini vujudidagi shiddatli evrilish asnosida aytarkan, bu ila islomiy soʻfiylik ta’limotidagi oʻzicha anglagan koʻngil tushunchasini nazarda tutgandi.

Mubodning nigohidan Xayyomning ayni damdagi holati unga xush yoqayotganligini payqash mumkin edi.

-Odam oʻz koʻzi ila olamni koʻrar ekan, olam uning nigohida aks etadi. Ya’ni olam ham odamda oʻzini koʻradi. Bu kurrai zaminda hamma narsa bir-biriga ta’sir etadi va shuningdek, har bir narsaning alohida oʻz mohiyati bor. Ana oʻsha mohiyatni anglagan kishi koʻp moʻ’jizalarga guvoh boʻladi. Alkimyo ham narsalarning mohiyatini anglamoqdir. Mohiyatni anglash esa koʻngil ishidir.-deya soʻzini tugatdi mubod.

Xayyom uning gaplaridan nimalarnidir tushunganday boʻlar, biroq bular kamday tuyulardi.

-Xoʻsh-xoʻsh!.. -deb yubordi u beixtiyor.

Mubod yoqimli jilmaydi.

-Narsaning mohiyatini anglash va unga ta’sir etish mumkin. Masalan, anglash orqali suvni kuydiruvchi otashga, olovni esa suvga aylantirish mumkin. Axir alkimyoda ham jezdan yoxud misdan oltin olinadi-ku.

-Bu sehr-ku?..

-Ha, sehr, biroq u borliqdan ajralmagan sehr. Odam olamga, tabiatga yaqinlashib, u ila uygʻunlashib borgani sariyn yuksalaveradi. Chunki jamiki narsalarning -nabototu hayvonotning oʻz olami bor. Bu olamlar butun bir koinotni bunyod etadi.

Bu nima, deya oʻylardi koʻzlari chaqnagan Xayyom, moddiy olam ila ruhiy olamning chegarasimi? Soʻfiylar va boshqa shu kabi ruhiyat kishilari zikru taqvo hamda parhezkorlik ila olamni, Yaratganni anglashga, unga yaqinlashishga urinadilar. Hatto narsalarga ta’sir etib, moʻ’jizalar koʻrsata oladilar. Ular ruhiy olam va kitoblarda aytilishicha, jinlar ta’sirida bunga erishadilar. Manovilar esa moddiy olamni ruhiy olam ila hamrishta etadilar. Yo, Olloh!... Xayyomning boshi gʻovlab ketdi. Demak, koinotdagi hamma narsa bir-biriga bogʻliq va ular bir reja asosida Haqqoniyat tomonidan idora etiladi. Taqdir deganlari shu-da, undan hech kim qochib qutilolmaydi. Yo tavba! Axir bular oʻzi bilgan gaplar-ku! Mubod boshqa nimarsalar xususida soʻzladi chogʻi. Yoʻq, shular haqida gapirdi, illo moʻ’jizalar, ulugʻliklar bagʻoyat joʻn koʻrinmogʻi ham haq gap.

Xayyom mana shu suhbatdan keyin olamga- hayvonotu nabotot, toshu tufrogʻga oʻzga koʻz ila qaray boshladi. Ularning tillarini tushunib, ya’ni borliqning tilini, butun koinotning lisoni umumiyasini anglamoqqa jahd etmoqqa tushdi.

Sakkizinchi bob

1

Rohib Arturning qazosi Abul Fath Umar ibn Ibrohimni qattiq mutaassir etdi. Demak, bashar Ollohni, Yaratganni anglamogʻi uchun makon, zamon, millatu zabon farqsiz ekan. Haqqoniyatni barcha oʻz bilganicha, quvvai hofizasi yetganicha idrok etarkan. Birov koʻz ila, birov aql, boshqasi esa qalb ila anglarkan. Ularning tasavvurlari, oʻshal tasavvurlaridagi Ilohning suratu siyrati ham turfa ekan. Mana, asli armani boʻlmish nosaro Artur ham belida zunnori ila hidoyat topdi. Uning musulmon boʻlganligini Ollohdan oʻzga hech kimsa bilmabdi. Hatto nomuslimona libosi-yu belidagi zunnorini ham yechmabdi. Demakki, suvratga boqib baho bermoqlik xatolik sari yuzlantirmogʻi ayon. Aslida ham rohib yomon odam emasdi, unda bizlar moʻminlarga nisbat berguvchi fazilatlarning barchasi mavjud edi.

Haligi majusiy mubod esa haqqoniyatni, mutloq Zotni oʻzicha kashf etibdi. Uning dinida Yaratuvchini buyuk Olov-Quyoshga nisbat beriladi va olamdagi har bir nimarsa bir-biri ila uzviy deyiladi. Mubod mutlaq Zotning aslini emas, uning ijodini oʻrganib, taftish etib, unga yaqinlashibdi va moʻ’jizalarga qodir boʻlibdi. Islom esa Haqqoniyatning aslini tanitadi. Ammo Uning asli ham, ijodi ham Uning oʻzidir. Bundan kelib chiqadiki, borar yoʻllar turfa, biroq manzil birdir. Axir bu ham tirik jon, Ollohning mahluqi, deya jonivorlarni soʻymasdan, ixtiyorsiz ravishda moʻminlikning haliymlik, shafqatlilik sifatini namoyon etayotgan majusiy ila Ollohga zikr aytayotgan musulmonning maqomi bir emasmi. Boisi ikkisi ham mutlaq Zotni esga olmayaptimi? Yoxud Ollohni Quyosh timsolida koʻrib, har bir giyohu ogʻochning tilini bilgan majusiy hech bir namozini qazo etmay, har kun dini Islom qaygʻusida boʻlib, nihoyat kofirlik tamgʻasini bosib, norasida yigitni qatl etayotgan shohdan afzal emasmi? Biz madh etgan chin insonlikning haddi bormi oʻzi?!

Biz koʻrib turgan, anglayotgan, his etayotgan barcha nimarsalar avval ham yoki azaldan bor edi. Mutlaq Zotning xohish-irodasisiz bir xas oʻrnidan jilmagay. Illo bizlarning ham har birimiz avvaldan bor edik (ruhimiz mavjud edi). Mutlaq Zot bizni (ruhimizni) oʻzining qay bir ma’vosida saqlagandir. Endi esa jism ato etib, zaminga yoʻllabdi. Bu Uning ijodi asrorini kashf etgan majusiy mubodning kibratul ahmarni (falsafa toshini) topib, har ne ma’dandan oltin ola bilishiga qiyos emasmi? Zero inson bolasi sohirlik ila jismga ta’sir eta olganda, Borliq Egasining kuchu qudratiga ta’rifu tavsif yetarmikin?.. Xayyomning oʻylari chuvalgandan-chuvaldi. Kibratul ahmar!.. Artur ham oʻzi nosaro boʻlgani bilan alkimyodan boxabar edi. Ehtimol u ham kibratul ahmarni inkishof eta olganmidi. Balki u borliqdagi jamiki nimarsalarning mohiyatini anglab yetgandir va shuning uchun ham iymon yoʻlini tutganlar? Mohiyat?.. Unda iymon mohiyati ne?..

Rohib Arturni islomiy urf-odatlarga binoan dafn etdilar.

Shoʻrlik Maryam boʻzlab qoldi...

Xayyom esa taqvo ummoniga gʻarq boʻldi. Tunlari namoz oʻqib, savobini qadrdon doʻsti, bir jihati, koʻp nimarsalarni anglashiga koʻmak bergan ustozi, suyukli kishisining otasi boʻlmish donishmand Arturning ruhiga baxshida etdi. Shu asno u azal va abad hikmatini anglab, Ollohning yozigʻi- Taqdirning haq ekanligini qayta-qayta iymon keltirib borardi.

Sabab sahrosida kimki sargardon,
Ishlarin uningsiz yuritar Yazdon.
Bu kun bir bahona oʻrtaga tashlab,
Erta bajo boʻlur taqdiri osmon.

2

Koʻklam kirdi. Roʻbaroʻdagi qirlar yashillanib, boychechaklarning tili chiqdi...

Uzluksiz taqvo, parhezkorlik va ayriliq solgan iztirob bois yuzi soʻlgʻin tus olib, ancha ozgan Xayyomning nazdida, bir siqim boʻlib qolgan kunlarga taqi baraka kirdi. Hatto rutubatli qish tunlarida goʻyo qartayib, mungligʻ-mungligʻ boʻlib qolganday tuyulgan, aslida oʻtligʻ his-tuygʻular ham koʻngillarni asta-sekin huzurbaxsh jimirlata boshladilar.Bu, ayniqsa, shoirning bagʻriga yana yangi sogʻinchlarni solmoqqa tushdi. Bu sogʻinchlar nomsiz va ta’rifsiz edilar. Xayyom ixtiyorsiz tarzda oʻrtanardi, tushuniksiz bir koʻyda toʻlgʻonardi.

Oʻsha kunlarning birida uni vaziri a’zam yoʻqlab qoldi. Xayyom sohibi devonning huzuriga oshiqarkan, xos liboslarini kiymoqni ham unutdi. U bezovta qalbiga doʻsti, dilkash ustozi Nizom ul Mulk huzurida biron taskin topmoq ilinjida edi. Zero odam taftini odam olar, deydilar. Ehtimol suyukli kishisi ila suhbat qurib, bir navi halovat topar.

Vaziri a’zam Xayyomning aksi oʻlaroq, ancha toʻlishgandi. Nuroniy yuzi avvalgidek yoqimli tus olib, bu foniy dunyoning barcha koʻrguliklarini koʻrib ulgurgan koʻzlari taqi muloyim va xotirjam boqardi. Fitnachilar fosh etilib, sultonning oqu qorani anglashi va unga ishonch ila qaray boshlagani keksa vazirning yana oʻz holiga qaytmogʻiga bois boʻlgandi. U shoirning ahvolidan mutaassir boʻldi. Rohib Arturning oʻlimi tufayli shunchalar kuyishini, parishon holga kelishini oʻylamagandi.

Aslida Xayyomning bu koʻyga tushmogʻiga faqatgina Arturning oʻlimi sabab emasdi. Uning oʻlimi azali oromsiz qalbli shoirning oʻzi ham mudom anglab yetolmayotgan, kun-bakun vujudiga oʻt solib, yondirguvchi tuygʻularni, oʻylarni uygʻotib yuborgandi. Bu kechmishi juda azobli, shuningdek, bagʻoyat yoqimli va huzurbaxsh edi. U halovatsiz iztirob pinjida toʻlgʻonardi, biroq bu toʻlgʻonish qalbiga xush yoqardi ham. Uning ahvoli shunday-ham oydek ravshan, ham har ne shuurga-da tushunuksiz edi. U buyuk bir muhabbatni, buyuk bir ishqni sogʻinardi chogʻi.

-Bunchalar mutaassirlik, kuymoqlik boʻlmas, shoir.-dedi vaziri a’zam oʻz odaticha oʻktam ovozda salom-alikdan soʻng.

-Bu koʻyimni oʻzim ham aynglayolmasmen, hazratim. Yaxshisi, soʻrmangiz!.. -Xayyom bu soʻzni ohista, lekin qat’iy aytdi va shu bilan gapni boshqa yoqqa burmoqchi boʻldi.

Vaziri a’zam xiyol xijolat tortdi: uning botiniga nechuk suqiladur? Oʻzi shoiri shoʻrlik shundoq ham ich-etini yeb yurgan boʻlsa. Shuning uchun gap payrovini davlat yumushlariga burdi.

-Olampanoh ila maslahat qilib, rasadxonani yanada kengaytirmoqni lozim topdik.

-Xoʻsh-xoʻsh?.. -deya sergak tortdi bir qoʻzgʻolib olgan Xayyom.

-Rasadxonaning soʻl yoniga madrasamonand hujralar, tahsilxonalar barpo etsak, ne deyursen?

-Ayni muddao boʻlardi, hazratim. Illo ilmi toliblar uchun, ularning saboqlari uchun rasadxonamiz torlik qilib qolmish edi. Ilohi, sultonimizning umrlari uzun boʻlgʻay.

-Barcha yumushlar uchun yetarli mablagʻ ajratiladi. Ularni oqilona sarf etib, ishlarni maromga solmoq sening izmingdadur.

-Bosh ustiga, janobi oliylari.-deya xiyol ta’zim qildi shoir, -Chillai zimistonda qonlarimiz toʻnglab, soʻngaklarimiz qaqshagani rost. Bu kabi ulkan ishlar biz uchun ayni muddaodir. -Nechukdir shoirning yuziga qizillik yugurganday boʻldi.

Birozgina avjsiz suhbatdan soʻngra vaziri a’zam Xayyomga shatranj surmoqlikni taklif etdi. U rozi boʻlgach, Nizom ul Mulk mutoyiba etdi:

-Illo chin jahd ila oʻynagaysen. Zero men oftobi olam sultonimiz emasmenki, magʻlub qilmoqqa jur’at etolmasang.

Yengil kulishdilar.

Xayyom vaziri a’zamning qasridan chiqib borarkan, uning nima demoqchi ekanligini fahmlaganday boʻldi. Ha, u dunyoga teran aql koʻzi ila boqardi, qalbida misilsiz tugʻyon va hatto isyon borligini ham yashirmasdi. Uning uchun ilmning millati va yoki irqi yoʻq edi. U ilm olmoq istagida majusiy yoxud budparastga ham shogird tushmogʻi mumkin, chunki taboyi’ (tabiat) ilmlarini diniy ilmdan ayro tushuna olardi. Ehtimol valine’mati Nizom ul Mulk uning fe’lidagi ana shu jihatlarni bilganligi bois uni oʻzicha diniy bilimlarning sohibi Gʻazzoliyga aksil qoʻymoqchi boʻlgandir? Agar shunday boʻlsa, demak, vaziri a’zam xatokordir. Illo Olloh visoliga eltuvchi yoʻllar turfa ekanligini u juda yaxshi biladi. Qolaversa, har kishining bir yomoni, har yomonning bir yaxshisi boʻladi. Balki Xayyom bir umr sogʻinib yashayotgan inson shudir...

Sulton hashamatli taxtda odatdagidek viqor ila oʻltiribdi. Kayfi xush chogʻi, labu koʻzlarida nim tabassum. Ikki yonida esa bizga tanish arkoni davlat qator tizilishib, qoʻl qovushtirib turibdilar. Barchalari bir nimarsani intiq kutmoqdalar. Oynavand darichalardan oqib kirayotgan jilvakor oftob par tavi (yolqin, shu’la) billur qandillarga urilib, sulton taxtining tillo naqshlariga, tojining olmos koʻziga, a’yonlarning turfa xil uzuklariga, liboslarining yorqin tusli kashtalariga vanihoyat ularning soʻnik va chaqnoq, qisiq hamda katta koʻzlariga sochilib, jimirlab qoʻyardi.

Bir zamon saroy mulozimining tantanavor ovozi yangradi:

-Ulamon kirom Abu Homid Muhammad ibn Muhammad al Gʻazzoliy janoblari Bogʻdoddan tashrif buyurmishlar.

Uning ovozi naqshinkor ustunlar va saroyning baland shiftlarida aks sado berib ulgurmay, borgoh(sulton qabulxonasi)ning ochiq turgan uzun eshigi ostonasida yigirma besh yoshlardagi koʻrkam yigit paydo boʻldi. Yigitning boshida ixcham oppoq salla boʻlib, egniga eroniylarga xos kaltaroq-tizzasidan keladigan gulli chopon kiygandi. Qosh-koʻzlari qalamda chizilganday tekis va siyrak soqolining tim qoraligi bois shundoq ham nur taratayotgandek tuyulguvchi oq, biroq soʻlgʻin yuzi yanada oppoq koʻrinardi. Sallasining ostidan chiqib turgan tim qora sochlari quloqlarini yarmigacha yopgan. U oʻrta boʻyli boʻlib, uzun kipriklari poyida qop-qora koʻringuvchi bir qalam uchi qalinligidagi gardish orasidagi choʻgʻdayin chaqnab turgan koʻzlari kishiga kulib boqadi.

Yigit sultonning roʻbaroʻsida toʻxtadi, oʻng ilkini koʻksiga qoʻyib, boshini xiyol egdi-da, oliy nasabli kishilar kabi magʻrurona ta’zim qildi va vaziri a’zam tomonga bukilgancha borayotgan mulozimni nigohi ila kuzatib qoldi. Mulozim ilkidagi yorliqni ikki qoʻllab tutib, vaziri a’zamga uzatdi. Bu Bogʻdod va aslida butun musulmon dunyosi shayxulislomining Muhammad Gʻazzoliy haqida Malikshohga bitgan nomasi, yanada toʻgʻrirogʻi, ishonch yorligʻi edi.

Ayni kunlarga kelib, jahon musulmonlarini bir tugʻ ostiga birlashtirgan Bogʻdod xalifaligining nufuzi asta-sekin yemirilib bormoqda edi. Yetti iqlimga buyuk turkiy qavm Saljuqiylar sulolasi hukmronlik qilardi. Shunday boʻlgach, magʻribu mashriq sohibi sulton Malikshoh Bogʻdod xalifasini va huddi shuningdek, shayxulislomni ham unchalar pisand qilavermasdi. Sultonning ularga dahl etmayotganligining boisi eng avvalo dini Islomga boʻlgan buyuk hurmatidan edi. Qolaversa, asli islomparvar boʻlgan Malikshoh ilmparvar ham edi va bogʻdodlik mehmonga koʻrsatayotgan ehtiromi ana oʻsha fazilatini namoyon etardi.

Nomani vaziri a’zam Nizom ul Mulk ochib, sultonning ijozat ishorasidan soʻng ovoz chiqarib oʻqidi. Sulton uning mazmunidan avvaldanoq boxabar boʻlsa-da, hozir oʻzini endigina eshitayotgandek tutardi. U Gʻazzoliyga qarab bilinar-bilinmas bosh silkidi-da, xiyol kulimsiradi.

Vaziri a’zam esa sultonning boqishlari ma’nosini soʻz ila ifodaladi:

-Xush kelibsiz, ey, Islom osmonining porlayotgan yulduzi, din ilmining buyuk istiqboli!.. -deya u koʻz qiri ila oʻng yonida turgan Umar Xayyomga qarab qoʻydi. -Shayxulislom hazratlarining sizga boʻlgan ishonch va ixloslari sharofati ila mamlakatimiz dorussaltanati shahri azim Isfahon yanada nurafshon boʻlgʻay, inshoolloh!

Saroy ahli vaziri a’zamga hamohang tarzda Gʻazzoliyni olqishladilar. U avval sulton, soʻng esa sohibi devonga ta’zim qildi.

Vaziri a’zam ohista, shuningdek, ma’noli tarzda bir bora tomoq qirib qoʻydi-da, dedi:

-Nomi butun Xurosonu Movarounnahrga yoyilgan ulugʻ shoir va olim Umar Xayyom janoblari ham sizni mushtoqlik ila kutmishlar. -U Gʻazzoliyga boqish avvalida taqi birbor koʻz qiri ila Xayyomga qarab qoʻydi. Uning bu xayrixohona nazarini payqagan alamzada Qazviniyning rangi boʻzarib ketdi. Ammo oʻz ahvolini sulton va vaziri a’zamdan pinhon tutish maqsadida lablarini ikki yonga tortib, tishlarini koʻrsatdiki, bu ila oʻzini tabassum qilayotgandek koʻrsatmoqqa urindi.

Xayyom boʻydor va savlatli edi. Qalin qoshlari, iyakdor uzunchoq yuziga yarashgan dagʻal qoʻngʻir-kulrang soqol-moʻylabi uni tagʻinda salobatli koʻrsatardi. Yelkasiga tushgan oʻsiq sochlari ixcham sallasi ostidan toʻlqinlanib chiqib turardi. Egnidagi xirqasimon uzun jun chakmon uni bagʻoyat jussali koʻrsatadi. U buyuk olim, faylasuf va boringki, toza koʻngilli shoir boʻlgani bilan, shuningdek, oddiy banda ham edi. Uning ham vujudida goho shaytoniy istaklar yoxud tuygʻular xuruj qilib qolardi. Shundayin onlarda iloji boricha shaytonga xayr berishga urinardi. Hozir har qancha sa’y etmasin, vaziri a’zamning anovi mushtdek yigitchani maqtashi uning bagʻrida qaro bir tuygʻu-hasadning uygʻonishiga sabab boʻldi. Ixtiyorsiz tarzda qovoqlari osilib ketdi.

Xayyom soʻzlayotgan sohibi devonning qarashini bu safar ham sezdi va uning soʻzlari nihoyalashi asnosida Gʻazzoliyga qaradi. U esa vaziri a’zamning gaplariga javobanmi, unga tikilib turardi. Asli shahri Tusdan boʻlmish kiborzoda bu yigitning nigohi hamon tabassumli edi va uning qarogʻlariga choʻkkan qorachoʻgʻlari goʻyo oq alanga berib yonayotganga oʻxshardi. U endi oʻtrusidagi shoirga biroz havas, bu uchrashuvdan minnatdorlik va shu kabi samimiy xayrixohlik ila boqdi. Ammo kecha Nizom ul Mulkdan Gʻazzoliyning kelganini eshitgan va uning tashrifi rasadxona ishlariga xalaqit berishini gumon qilayotgan shoir bu qarashdan oʻzgacha ma’no ilgʻamoqda edi. Ehtimol shuning uchun ham Umar ibn Ibrohim roʻbaroʻsidagi oʻzidan oʻn yosh chamasida kichik yigitcha, mish-mishlardan eshitib ulgurganidek, ilohiyot ilmida favqulodda iste’dodga ega boʻlgan navqiron olimul musliminga (musulmonlar olimiga) xiyol pisandsizlik ila tikilardi. Uning nigohi xuddi qarogʻlarining tub-tubiga choʻkib ketganday qalin qoshlarining ostida qorayib koʻrinardi va bu koʻrinish bir qarashda goʻyo nafrat nishonasidek tuyulsa-da, aslida unday emasdi. U yosh mehmonning soʻzlarini tinglab, uning oʻzini tutishi va yuz-koʻzidagi samimiyatni anglab, shu oʻtgan bir kecha ichida qalbida paydo boʻlgan shubha-yu gumonlardan asta-sekin tozarib borardi. Axir u olim-ku, ummul Kitobni yod bilgan, tafsir etgan, Ollohning oshigʻi boʻlgan kishidan yomonlik chiqadimi? Yoshlik qusurlari boʻlsa bordir. Hali odam ila bir bora soʻzlashmay fikr etmoq-bu ayni xatoligʻ sari yuz tutmoq emasmi! Buncha badgumon va hurkak boʻlmasang, ey, chodirdoʻzning oʻgʻli? Axir bu zaif, haqiqatni qoʻyib, oʻz tinchini oʻylaguvchi kimsalarning sifati emasmi... Bular Xayyomning shuurida kechayotgan fikrlari edi, uning qarashidan esa, qani bu oʻzingga bino qoʻyishlaring qachongacha davom etarkin, degan ma’noni uqish mumkin. Gʻazzoliy ham aynan shu ma’noni uqmoqda edi. Lablaridagi tabassumi ila esa shoirga oʻylaringiz xato, demoqchi boʻlar va unga samimiy bir tuygʻularni ilinardi.

Bu ularning ilk uchrashuvi edi.

3

Abu Homid Muhyiddin Muhammad ibn Muhammad at Tusiy al Gʻazzoliy qadim Tus shahrida tugʻilgan edi. U Xayyomdan oʻn yosh kichik boʻlib, sho’fein mazhabidan edi. Xuroson va xususan, uning koʻhna shaharlari azali ilm-ma’rifat oʻchogʻi boʻlib kelardi. Bu Abu Homidga ham hali bolaligidayoq oʻz ta’sirini koʻrsatdi. Ilk saboqni Tusda benazir ustozi ar Rodgoniydan oldi. Azimushsha’n Qur’onni ham shu yerda hatm qildi, muratta’b qori boʻldi. Soʻngra Nishopurga kelib, soʻfiy olim al Juvayniydan ta’lim oldi. Shu yerda Qur’on tafsiri va hadis ilmi, fikh ila mashgʻul boʻldi. Tunu kun tinimsiz kiitob mutolaa qildi, buyuk Islomning taraqqiyi xususida bosh qotirdi. Uning quvvai hofizasi juda kuchli, aqli va fikri juda tiniq edi. Har ne narsani bir koʻrishdayoq eslab qola olardi, jild-jild kitoblarni yod bilardi. Sohib karomat ustozi Juvayniy hazratlarining toʻrt yuz nafardan ziyod shogirdlari bor edi. U mana shuncha ziyo talablar ichra yupungina kiyingan, oddiygina hunarmandning farzandi boʻlmish Abu Homidga alohida e’tibor va havas ila boqardi. Ehtimol oʻshanda suyukli shogirdining buyuk istiqbolini koʻra olganmidi bu qalbi bedor zot. Ustozi Abu Homid haqida soʻzlab, «U-qa’ri xazinaga toʻla ummon», deya ta’rif bergandi. Filhaqiqat, al Juvayniy yanglishmagandi-Gʻazzoliy oʻz aqlu zakovati ila olamga dovrugʻ sola boshladi. Bogʻdodga kelgach, bir necha risolalar bitdi va shu orqali koʻp ulugʻ zotlarning nazariga tushdi. Din in’omi Olloh taboraka taolodan, asosi Paygʻambar alayhissalomdan boʻlgani bilan uning rivoji xos bandalarning aql-idroki va sa’ylari tufayli edi. Buni xalifa-yu shayxulislom va hatto sahroyi sulton Malikshoh ham yaxshi bilardilar. Shul bois ular Islomga kuch bermoq, uni mustahkamlamoq niyatida va buning ortidan saltanatni, davlatni qudratli, fuqaroni andishali qilmogʻi mumkin boʻlgan tolibi ilmlarni, fozillarni ehtiyot tutardilar. Gʻazzoliy ham ana shunday fazilat sohibi edi.

Gʻazzoliyga Olloh bergandi: u ayni damda Islom dunyosida barqaror boʻlgan qarashlar, fikrlarni oʻrganardi va oʻz navbatida birin-sirin ularni inkor etib borardi. Gʻazzoliy atrofga, musulmonlar hayotiga sinchkov boqarkan, ulardan oʻz boʻyi ancha balandlab borayotganligini payqardi va shaytoniy kibru havoni daf qilmoq uchun istigʻfor aytardi. Lekin barcha nimarsalarni inkor etmoq ila haqiqatga yetib boʻlmasdi, iqror ham lozim edi. Buni u yaxshi bilardi va shuning uchun ham hozirda mavjud boʻlgan toifalarning borliq hamda dinga munosabatlarini taftish etardi. Ayni kunda butun musulmon dunyosi ikki oqimga boʻlinardi-sunniylar va shialar. Bu ikki oqim esa taqi bir necha mazhablarga ajralardi. Abu Homidni mana shu nimarsa iztirobga solardi. Ya’ni Islom olamining bir necha toifalarga boʻlinib, sochilib ketganligidan azoblanardi. Uning oʻzi shofe’in mazhabiga mansub edi. Saljuqiylar saltanati fuqarolari esa asosan hanafiy mazhabiga e’tiqod qilardilar. Shofe’inlar, ta’bir joiz boʻlsa, ularning eng asosiy raqiblari edilar. Bundan oʻzga taqi botiniylar, ya’niki ismoiliylarning tarafdorlari ham tobora koʻpaymoqda edi. Bularning tutumi havfli ediki, ular Hasan Sabboh otligʻ kimsaning tarrorlari edilar.

Sulton Malikshoh hanafiy edi. Biroq shofe’inlarga ham hurmat bilan qarardi. Gʻazzoliy bundan boxabarligi bois saljuqiylar saltanatining bosh kenti Isfahonga xavf-xatarni gumon etmay kirib keldi. Shu kabi u sultonning hanafiylik mazhabining asoschisi Imomi A’zam Abu Hanifa Noʻ’mon ibn Sobitning Bogʻdoddagi qabri uzra maqbara koʻtarib, uning yonida hanafiylar uchun ulkan madrasa qurdirganligini ham yaxshi bilardi. Bu bagʻri keng, sodda koʻngilli turkiy qavm hurmat-izzatga chindan-da munosib edi.

Islom ayni damda asta-sekin parokanda boʻlib borardi. Risolat davridan (Paygʻambar alayhissalom davridan) soʻng hotamul anbiyo keltirgan oxirgi haq dinning muhtasham binosi darz keta boshladi. Hazrati Ali tarafdorlari bir yon, Hazrati Usmon tarafdorlari taqi bir yon, oʻzgalari uchinchi bir yon boʻldilar. Jangu jadallar, qirgʻinlar avj oldi. Oqibat esa ayon-musulmonlarning turfa mazhablari bunyod boʻldi. Gʻazzoliy barcha oqim va mazhablarni yaxshi bilar, shul bois ularning barchalari ham Haq izlovchilar ekanligini tushunardi. Axir ularning birontasi Haqqa aksil emas-ku! Demak, ularni rad etmoq ham odillik nishonasi emas. Shuningdek, eski odatu e’tiqodlarga qaytmoq ham umid bermaydi. Tobora soʻnib borayotgan salaflar haqida bosh qotirmoq yoxud ularga ergashmoq ham muqallidlarga xosdir. Ular bir oyna kabidurlarki, allaqachon darz ketgan. Ozgina dahl etmoq ila chilparchin boʻlgʻuvsi. Illo darzni chegalamoq yoxud siniqlarni bir-biriga yopishtirmoqqa urinmoq natijasiz yumush. Yaxshisi, oʻsha siniqlarni toʻplab, olovda toblamoq va butunlay yangi hamda mustahkam oyna yasamoq lozimdur. Avomga ishonchli yangilik kerak. Gʻazzoliy shular haqida oʻylardi, din islohi haqida bosh qotirardi. Hali buyoqda mutazalliylar, faylasuflar, soʻfiylar ham bor. Ularni ham asliyat sari yoʻnaltirmoq lozim.

Abu Homid soʻfiylarga ancha xayrixoh edi, oʻzi ham ibodatni barakotli etmoqda ularga mayl bildirardi. Nazdida, soʻfiylik yoʻli eng toʻgʻri yoʻldek koʻrinardi. Goʻyo unda ta’ma, soxtakorlik kamroq edi. Zikru taqvo ila parhez tutib, sinib boraverasan, Ollohga yovuqlashaverasan. Dilingda Ollohning rizoligidan oʻzga ta’ma boʻlsa, oʻlib boraveradi. Albatta, tasavvufda ham bir necha tariqatlar va ularning mashoyixlarining oʻzaro obroʻ-yu martaba taloshlari bor. Aslida ham basharning fe’li-xoʻyi azaldan ma’lum: din peshvolari boʻlmish ulamolar, shariat va fikh olimlari hamda din homiylari sanalmish hukmdorlar aro bahs ketsa, nimadir, boringki, Islom amallari borasidami, fikr-mulohaza taloshilsa, dinu Olloh bir yonda qolur. Hamma oʻz foydasi uchun bahs etur. Shunday kezlarda ular dinni, shariatni istagan koʻylariga solishlari, isloh bahona oʻzlariga qulay amallarni yaratib olishlari mumkin. Demak, din va shariat odamlarning xohishu irodalariga binoan oʻzgarib, yangilanib turar ekan. Din Ollohning buyrugʻi ila odamlarga ne’mat qilib berilgan boʻlsa-da, shariat asoslarini kishilar yaraturlar. Bundan kelib chiqadiki, dinu shariat bandalar yuzini Ollohga tomon buribgina qolmay, odamlar va ayniqsa, sohibi davlatlar foydasi uchun ham xizmat etarkan. Buning kabi olimlar ana oʻsha qonun-qoidalarni mustahkamlab, farzu sunnat ila asoslab berar ekanlar. Yo Olloh! Xatokorligʻdin oʻzing asragaysen. Banda hamisha gunohlidir, biroq imkon qadar undan saqlanish va dini Islom uchun xizmatga sidqidildan bel bogʻlamoq lozim. Zero sen bitgan bitiklarning qay tomonidan boqmasinlar, buyuk Islomning yorugʻ yuzi koʻrinsin. Hazrati paygʻambar sallallohu alayhi vasallamning vasiyatlari ham shunday emasmidi!

Ehhe-e, bu olamda ne-ne kitoblar bitilmadi. Barchalari haqiqat va Islomga sadoqat da’vo qiladilar. Lekin ularning ichida kufru zalolat, sehru joduga eltguvchilari ham moʻl. Illo bani bashar, jumlai odam dinu diyonatga oʻz shuuri, idroki yetganicha munosabat bildirur. Goho toʻrtta hadisni yod olmagan, bir oyatni tafsir etolmaydigan kimsalar ham kitob bitmoqqa tutinadilar, xayollariga kelgan fikrlariga hikmat toʻnini kiydirmoqchi boʻladilar. Shunday qilib, oʻshal chalamulloning kitobi qaysidir bir omiyning ilkiga tushadi-yu, u oʻzgalardan aqlliroq koʻrinish ilinjida uni haqiqat deya talqin etadi. Qarabsizki, kimningdir aljirashi ortidan biron tariqat va yoxud hatto shariat yaralib turibdi-da. Aslida esa ul soʻzlar shayton va jinlarning vasvasasidan oʻzga nimarsa emasdi.

Abu Homid Bogʻdod madrasasida mudarrislik qilarkan, hatto ilmi toliblarga saboq berish va ayniqsa, bedor tunlarda shariatdagi ana oʻshal notoʻkisliklarni toʻkis etmoq, parokandalikni jamlamoq xususida oʻylardi. Shu niyatda bir risola bitmoqni ixtiyor etdi. Endigina ilk sahifalarini bitayotgani bu kitob «Ihyou ulumiddin» («Diniy ilmlarini tiriltirish») deb ataladi. Shu risolasida haligi yangligʻ soʻroqlarga javoblar boʻlgʻuvsi, inshoolloh. Mazkur asarni bitmoqqa astoydil kirishayotganda yangi bir niyat oromini oldi. Bu faylasuflar ilmining tub mohiyatiga yetmoq orzusi edi. Chunki dinga quvvat bermoqni istagan odam albatta faylasuflarning fikrlari ila yuzma-yuz kelmogʻi muqarrar edi. U buxorolik mashhur tabib va riyozatchi, shu kabi, faylasuf Ibn Sinoning falsafiy asarlaridan boxabar edi. Uning Isfahon rasadxonasida bir muddat ishlaganligini va u yerda ilm ila mashgʻul boʻlganligini yaxshi bilardi. Ayniqsa, tabibning falsafiy qarashlari uni qiziqtirar va uning fikrlariga inkorlar kashf etardi. Qolaversa, ayni kunda ham Isfahonda faylasuflar bisyor edilar. Ularning boshida Umar Xayyom turar ehtimol!.. U shu niyatda shayxulislomga arz etdi va Isfahon sari yoʻl oldi. Yanaki, vaziri a’zam Nizom ul Mulk hazratlari ila ham avvaldan tanishligi bor edi. Vaziri a’zam uni bir-ikki bor Isfahon Nizomiyasiga taklif qilgandi. Mana, vaqti-soati endi yetibdi.

Gʻazzoliy huzuri muborakda madrasada istiqomat qilmoqlik niyati borligini ayon etdi. Oʻz xohishiga binoan Nizomiyaning kattaroq hujralaridan biri uning ixtiyoriga berildi.

Toʻqqizinchi bob

1

Xayyom bu kecha bomdodga yaqin tush koʻrdi. Ajab tush, dahshatli tush: qayoqdandir juldurlarga burkanib, belidagi chilvirga musallas ayoqini osib olgan qop-qora Mastona kampir paydo boʻlibdi-yu unga qarab rosa qah-qah uribdi. Soʻng angrayib turgan Xayyomning ilkidan Qur’onni tortib olibdi-da, oldidagi gʻoyibdan bino boʻlgan olovning yoniga choʻnqayib, Kalomullohni burdalab yoqa boshlabdi. Shoir dahshat ichra oh urib, kitobni tortib olmoq uchun uning ilkiga yopishibdi. Ammo harchand sa’y etmasin kuchi yetmabdi...

U vahm ogʻushida uygʻondi. Qayta-qayta istigʻfor aytdi. Tahorat olib kelgach, bomdod namozidan soʻngra taqi ikki rakat namoz oʻqib, tavba qildi. Biroq bu tush koʻz oʻngidan hadeganda nari ketmasdi. U tez-tez tush koʻrguvchi edi. Goho tushlari nelardandir bashoratlar ham qilardi. Shul bois keyin-keyin tushlariga e’tibor beradigan boʻldi. Ta’bir kitoblarini mutolaa qilib, goho tushlaridan ma’nolar axtarishga tushdi. Chindan ham u ma’noli, bashoratli tushlar koʻrar va bu moʻ’jizadan pinhona hayratlanardi ham. Shunday paytlari inson tafakkuri va ruhoniyati koʻp nimarsalarga qodir ekanligiga taqi bir karra amin boʻlardi.

Xayyom oʻtgan yillar mobaynida Mastona kampirni koʻp bor esladi. Koʻpincha ul pirazan shoir saroxush boʻlgan onlarda xayoliga kelar va aksariyat hollarda istiqbolda boʻlguvchi ba’zi voqeotlarga ishorat berib qolardi. Lekin hali biron marta tushiga kirmagandi, yanaki bugungidek alpozda. Yo Olloh! Devona pirazan Kalamullohni yoqsa-ya! Bu nelardin bashoratlar qilur? Taqi ne koʻrguliklar kutmoqda uni?! Ul yo devona, yoki shum va yoxud valiy pirazan nelarni aytmoqchi boʻladur? Oʻshanda Nishopurda, padarining chodirdoʻzlik ustaxonasida oʻn yoshli Umar Qur’oni karimni endigina xatm qilgan onlarda mastona kampir ila yoʻliqqandi va u mullo bolakayni bagʻriga olganida, bola esa xushi ogʻib, yerga yiqilganida nimadir roʻy berganligini keyinroq his etgandi. Bu kun esa unda sohir bir ruhiy holat yuz berib, devona kampir va uning oʻrtasida koʻrinmas rishta paydo boʻlganligini, ul pirazan oʻziga hamisha yoʻldosh ekanligini anglay boshlagandi. Rost, bu tush bejiz emas, Mastona kampirning gʻoyibona tashrifi ham behikmat emas. Faqat u nelardin ogoh etur u shuni tushunolmay dogʻda...

Yoxud Qazviniy otligʻ mumsik, xiylasi morniki yangligʻ, nasli odamizot taqi biron fitnaning boshini tutdimikin? Xiyonatchilarning qilmishlaridan soʻngra ul ham sassiz qolmish. Yoki bu makkor mor ogʻu yigʻmogʻ ila bandmi? Ehtimol endi biron yovuzlikni boshlamoq payidadir? Har holda bu sukunat ortida toʻfonlar yashirin turmogʻi ham ehtimol. Tagʻin kim biladi, balki ul hasadgoʻy gʻofilga Olloh insof ato etgan boʻlsa ham ajabmas. Biroq bunga shoir inonmaydi, inonolmaydi.

Buyoqda malika Turkon Xotundan ham har ne yomonlik kutsa boʻladi. Muhammad Takash voqeasidan soʻng malika ila hali biron bora yoʻliqmadi. Hatto shahzoda Mahmudni ham yoʻqlamay qoʻydi. Chunki oʻshal voqadan keyin Isfahonda ham, ahli saroy orasida ham muhit butkul oʻzgardi, sulton hazratlarining fe’lida ajab samimiyat vujudga keldi. Ehtimol malika bundan dilgir boʻlib, shoirga tish qayrab yurgan chiqar? Yo Rab!.. Gumonlar, shubhalar, ishibohlar!..

Yoxud yomonlik yangi kelgan mehmon Abu Homid Gʻazzoliy tarafidan boʻlurmi?.. Yo Abul Fath Umar, senga ne boʻldi? Bunchalar badgumon boʻlmasang?! Axir Qur’onu tafsir, hadisu shariat ilmlarining bilimdoni boʻlmish shul nurposh yigitdan yomonlik chiqadimi! Uning yuz-koʻziga boqmadingmi axir!.. Yuz-koʻzi!.. Nahotki surat siyratdin darak bersa? Bunga inonmoq dushvor. Uning yuz-koʻzida kibru havodan oʻzga taqi ne bor? Yana tagʻin xatokorligʻ qiladursen, ey, nodon shoir. Ehtimolki bu ulugʻ tafakkur sohibining aslini, mohiyatini anglamayotirsen. Anglamayotganing shunda ham koʻrinadurki, sen tabiiyun oshigʻi, moddiyunparast banda borliqning, undagi nabototu hayvonot, tufrogʻu ma’dan, har bir xasdan to kesakgacha mohiyatini izlab, anglamoq istarsenu bir ilmpeshaning qalbini tushunmoqqa jahd etmassen. U haqda oʻzingcha bir qur hukm chiqarasenu bas, ortiq sa’y koʻrsatmaysen. Hatto bir majusiyning tutmishidan ma’no, hikmat axtarib, uning joduga esh yumushlarini moʻ’jiza va yoxud ilm deysanu mana bu iymon sohibi, hofizi Qur’ondan yomonlik gumon qilasen. Qani, sendagi ezgulikka tashnalik da’vosining isboti?! Xayyom oʻzidan xijolat tortib, uyaldi. Gʻazzoliy ila hali tuzukroq soʻzlashmay, undan shubhalanayotganligi endi oʻziga ta’sir etib, vujudi qizidi. Lekin ne boʻlganda ham baribir, shariatpeshalar ila oʻzining oʻrtasida ixtilof yoxud, yumshoqroq aytganda, bahzu munozara hamisha muqarrarligini qalbi sezib turardi...

Kunlar isib, xurshidi olam ertalabdanoq tanlarga olovli tigʻini sanchadigan boʻlib qoldi. Shuning uchun rasadxonaning yangi qurilishidagi yumushlar ham erta boshlanardi. Musulmon olami oʻzi shunaqa-ish unumini ertalabda deb biladi. Bomdoddan soʻng to Quyosh koʻtarilguncha ancha ish qilib ulgurish mumkin, musulmonlar ana shuni qadrlaydilar. Nari borsa choshgohgacha ishlaydilaru oftob tikkaga oʻrlay boshlagach, xordiq olmoqqa tushadilar. Chunki Isfahon yozi bagʻoyat issiq boʻladi.

Hozir ham kun juda charogʻon ediki, picha koʻkka yuz tutgan kishining koʻzlariga toʻlib olib, bir muddat qamashtirib qoʻyardi. Xayyom yerga boqqan koʻyi madrasa qurilishi tomon oʻtdi. U hamon koʻrgan tushi ta’sirida edi. Mastona kampirni, uning ilkidagi Qur’onni, olovni qayta-qayta oʻylayverardi. Nazdida, bu tush mudhish bir voqeaning bashoratidek tuyulaverardi. Shul bois tezroq oʻzini oʻzi chalgʻitishni istardi. Tushlar ta’siriga berilmoq ham yaxshilikdan emas, bunchalik mutaassirlik yaramaydi... Birontasiga sadaqa berib yuborsa soz boʻlardi. Axir yaxshi tushga ham, yomon tushga ham sadaqa joiz, deydilar-ku. Rasadxonada yo biron devona boʻlmasa. Shu payt Xayyomning koʻzi obkashlik qilayotgan Yusuf Rindoniyga tushdi. Sadaqani uningdek sofdil odamga bergani durust. U xamyonini kovlab, bitta kumush tanga oldi-da, Rindoniyni chorladi:

-Ayo, Rind, buyon kelgaysiz!

Ertalabdanoq sarxush boʻlib olgan mayparast farrosh shoirning qoshiga darrov yetib keldi.

-Subhi sodiqda duoingizni olgim keldi. -dedi Xayyom kaftiga tangani joylab.

Rind uning koʻzlariga oʻtkir bir nazar soldi-da, dedi:

-Xojam bir ajab tush koʻribdilar chogʻi?.. Omin yaxshilikka boʻlsin. -U ilkini yuziga tortib, oʻz yumushiga ketdi.

Xayyom biroz yengil tortganday boʻldi. Xayolchan nigohi ila sangtaroshlarning harakatlarini kuzatdi, biroq ularning taqir-tuqirlari qariyb qulogʻiga kirmasdi. Hech qancha oʻtmay roʻbaroʻsida-qurilayotgan madrasaning narigi chetida korfarmo paydo boʻldi. U shoirga bir pas tikilib turdi-da, oʻnga tomon yura boshladi. Lekin Xayyom ayni paytda hech kimsa ila soʻzlashmoqni istamasdi, shundanmi, najot izlaganday u yon-bu yoniga alangladi. Shu asno rasadxona darvozasidan chiqib, narigi yoqqa qayrilayotgan Maryamga nigohi tushdi. Xursand boʻlganday bir qalqdi-yu uning ortidan yurdi. Korfarmo esa yarim yoʻlda toʻxtab, oʻzga ishga mashgʻul boʻldi. Xayyom borarkan, dilidan oʻtkazdi- hozir bu olam tashvishlari dilimga sigʻmaydur...

Maryam buloq sari koʻtarilardi. U ortidan kelayotan Xayyomni anchagacha payqamadi, to buloqqa yetguncha biron marta qayrilib qaramadi. Nihoyat buloq boshidagi sayhonlikka qadam qoʻya turib, yaqinlashib qolgan shoirga koʻzi tushdi. Uning nigohiga hayrat nishonasi toʻldi-ustoz nechuk ish payti bu yerlarda yuribdi?..

Qiz tavoze ila salom berdi.

-Vaalaykum... -dedi Xayyom tez yurganligidan biroz xansirab.-Shundayin suluv qizni yolgʻizlatib qoʻygim kelmadi. -U hazil qilmoqqa urindi, biroq koʻzlaridagi mahzun oʻychanlik hazilining shashtini anchagina susaytirib yubordi.

Buni qiz ham sezdi. Buloq boʻyidagi oʻzlariga tanish va qadrdon joyga oʻltirarkanlar, Maryam jur’atsizlarcha soʻradi:

-Dilgir koʻrinadursiz, ustoz?

-Hayronmen. Dunyoning gʻavgʻolaridan toliqdim shekilli. -Ammo gʻalat tush koʻrganligini aytmadi.

Buloq boshi bagʻoyat soʻlim edi. Uning tarovati oftob tigʻlaridan yarolangan tanlarga goʻyo malham yangligʻ surkaladi.

Maryam ham hamon mungligʻ edi, judolik alami uni mudom tark etmagandi. Xayyom unga boqarkan, koʻnglidan oʻtgan fikrdan ichida xijolat tortdi. U Maryamga endi avvalgidek zavq va ehtiros ila boqmasdi. Uning vasli bagʻriga oʻshal huzurbaxsh va shu kabi, ilhombaxsh olovni endi solmasdi. Yo Olloh! Bu ne hol? Nahotki bul muhabbatdin ham mahrummen? Mahrumiyatlar qachon intiho topgay, Tangrim?!.. U Maryamga achinayotganligini, yuragidagi oʻtli ishq oʻrnini endi shafqat tuygʻusi egallayotganligini payqadi-yu oʻzidan battar uyalib ketdi.

Qiz ham burungidek durkun emasdi, koʻzlaridagi bagʻrlarni kuydirguvchi olov ham soʻnayozgandi. U avvalgidek goʻzal edi, lekin shoir vujudiga kuch, ehtiros va qalbiga ilhom solgan allanimadir uni tark etgandi. Chunki Xayyom uning huzurida boyagidek oʻrtanmasdi.

Ular anchagacha tip-tiniq buloq suviga soʻzsiz tikilib oʻltirdilar. Bir zamon koʻzlarining qorachoʻgʻlari kengaygan shoir suvning jilvasiga termulib charchadimi yoki chindan ham qizga gapirgisi keldimi, ohista dedi:

-Ahvoling nechuk, Bibi?

Maryam unga oʻgrildi. Koʻzlar toʻqnashdilar. Yo Rab! Qiz bechoraning koʻzlari jiqqa yosh edi. Ular oq uchqunlar sachratgan mensiz yonardilar.

Xayyom taqi tuyqus bu kecha koʻrgan va mudom davom etayotgan dilxiraligiga bois boʻlgan tushini esladi. Qop-qora Mastona kampir Qur’oni karimni yoqardi. Olov gurillab yonardi. Tushingga ta’bir izlabmiding, ey, shoiri devona? Balki... Yo Ollohim, nahotki?!.. Olov!.. Yoshli koʻzlar!.. Lov-lov yonayotgan Qur’on!.. Ehtimol bu oʻz otashi ila hatto Qur’onni yondirguvchi Ishqni bashorat qilur? Men bandai behalovatni oʻzim xiyol ham qila olmaguvchi ulugʻ bir Ishq kutayotgan boʻlsa ne tong! Xayyomning butun vujudi jimirlab ketdi. U tushining mana shu ta’biriga ishona boshladi va ishongani sari qalbi tushuniksiz sohir tuygʻularga yoʻgʻrilib bordi. Oʻshal tuygʻular ogʻushida erirkan, yana Gʻazzoliyning magʻrur qiyofasi yodiga tushdi. Tushdi-yu unga havasi kela boshladi. Uning sarkash fe’li bor edi - birovning oʻziga boʻlgan munosabatining ma’nosini oydinlashtirmaguncha tinchimasdi. Oʻshal odamga yomonlik qila olish uning ilkidan kelmasa-da, toki oʻzi u haqda bir qarorga kelmaguncha badgumonlikdan qutila olmasdi. Ammo hozir tarki odat qilib, Gʻazzoliyning maqsadini yaxshi anglab yetmagan boʻlsa-da, unga havasi kelib ketdi. Oʻzi yoshgina yigitu salobatidan shohlar seskangudek. Ha, bu ulugʻlikdan nishona. Ustozi Ibn Sino qandayin jasur va adolatpesha edi. Ulugʻ olim al Beruniychi, ilm deya, haqiqat deya, oʻlimga ham tik boqa olmadimi. Oʻzichi oʻzi?!.. Qanchalar jasur, mard edi. Jannatmakon padari uning toʻgʻrisoʻzligini oʻylab, kelgusi taqdiridan xavotirga tushardi. Chunki toʻgʻrisoʻzligi biroz dagʻallikka qorishib, uning fe’lidagi xiyol dilozorlikni paydo qilardi. Endichi?! Nahotki u itoatgoʻy, haqiqatni yonlab oʻtguvchi oddiy bir bandi bandaga aylanib qolgan boʻlsa? Gʻazzoliyning nigohida esa isyon va kishilarni itoatga solguvchi bir kuch bor. Ayni damda Xayyom oʻzini boʻyinsunuvchan, qoʻrqoq va jur’atsiz kimsa kabi his qilib, oʻzidan nafratlana boshladi. Nazdida, sulton va vaziri a’zam uni ana oʻsha itoatgoʻyligi tufayli yomon koʻrib, Gʻazzoliyni ulugʻlay boshlagandek tuyuldilar. Bu oddiy bir insoniy ojizlik, hasadning qisqa xuruji edi.

Al Beruniy oʻzining «Hindiston» nomli asarida bitgan soʻzlar goʻyo unga malomat qilayotgan yangligʻ yodiga tushdi: «Hukmdorlar qarshisida qoʻrquvga tushmang, ularga haqiqatni soʻzlang. Axir ular faqatgina jismingizga hukm oʻtkaza oladilar, ruhingizga esa dahl etolmaydilar». Bu Iysoi Masihning soʻzlari edi. Xayyom uni «Injil»da oʻqigandi. Keyinroq «Hindiston»da ham koʻrdi. Demak, Beruniy bu isyonkor va hikmatli soʻzlarni yaxshi koʻrgan va ularga astoydil amal qilgan. Uning mashaqqatli hayoti buning isbotidir. Bu esa tobora, kun sayin itoatgoʻy va murosasoz boʻlib bormoqda. Sulton qoshida uning marhum masxaraboz Ja’far chuchukdan ne tafovuti bor? Xayyom oʻzidan battarroq nafratlandi. Biroq u oʻzining bu holati va boyagidek achingan monand boquvchi nigohi yonida oʻltirgan Maryamni ranjitayotganligini, uning ozor toʻla koʻngliga taqi ozor solayotganligini payqamasdi...

2

Abu Homid Gʻazzoliyning ulugʻ orzularidan biri, xuddi Xayyom kabi, Isfahonning qadim va benazir kutubxonasini koʻrmoq hamda u yerdagi yetti iqlimdan keltirilgan tafakkur mevalaridan termoqlik edi. Sultonning ijozatini olgach, u ham bu orzusiga musharraf boʻldi, koʻplab kunlarini va hatto tunlarini ham mana shu irfon boʻstonida oʻtkaza boshladi. Madrasa yumushlaridan boʻshadi deguncha shu yoqqa yelardi.

Hoziq tabib va shul kabi, tabiat ilmlarining bilimdoni boʻlmish Ibn Sino Sulton Mahmud ta’qibidan qochib, bir muddat Isfahonda yashab, rasadxona qurilishida ishtirok etganligidan Gʻazzoliy boxabar edi. Filhaqiqat, oʻshal olamni sarson-sargardon kezgan kunlarida Abu Ali sulton Malikshohning bobosi Chagʻribek va katta amakisi, saljuqiylarning ilk sultoni Toʻgʻrulbek ila uchrashgan edi. Unda bu sahroyi fotihlar hali sulton emas edilar va hali saljuqiy saltanatga ham asos solinmagandi. U paytlari yurtma-yurt kezib yurguvchi koʻchmanchi qabila edilar. Oʻshanda Toʻgʻrulbekning qavmida toʻrt ming oila bor edi xolos. Biroq ular va ularning sardori olis-olislarga koʻz tikkan edilar. Bu qavm endigina Islomni qabul qilgan, iymon ahkomlarini ham endi-endi uhdalay boshlagan edi. Balki Olloh yarlaqagani shudirki, mard va jasurligiga qaramay, savodsiz hamda turmush tarzi ham bisyor ibtidoiy boʻlmish koʻchmanchi qavm dunyoning yarmiga ega chiqsa. Ehtimol iymon tantanasi mana shudir.

Sahro farzandlari-saljuqiylar tabiat ila oshno edilar. Ularning hayoti tabiat hayoti ila chambarchars hamrishta edi. Shul boismi, osmonu yerdagi barcha oʻzgarishu evrilishlarni yaxshi bilardilar va ular ila hamohang yashardilar. Ayni shul tabiat yangligʻ sodda va toʻpori saljuqiylarning, ularning sardorlarining mana shu volida kabi aziz tabatning oshigʻi Abu Aliga hurmatu izzat koʻrsatmoqlarining boisi ham hoʻylaridagi oʻshal uyqashlik tufayli boʻlsa ajabmas. Nadomatkim, ulugʻ olimga islomparast va ilmparast saljuqiylarning muzaffar yurishlarini koʻrmoqlik nasib etmadi. Lekin Isfahonda ul zotning muborak izlari qolgan.

Gʻazzoliy bularning barchasidan ham boxabar emasdi, biroq Abu Alining koʻplab risolalarini mutolaa etgandi. Tabib va olimning ba’zi falsafiy nazarlariga, tabiat ilmlariga moʻlroq urugʻu berishlariga unchalik ham xayrixoh emasdi. U bu kabi falsafa va farosat ilmiga ruju qoʻygan ahli ilmlarning dunyoga nazarlarini yaxshi bilardi. Muxtasar aytganda, ularning fikrlari shunday edi: bul shuur sohiblari, olamning yuzidagi pardani butkul sidirmoqqa jahd etgan bul olimi tabiiyunlar azal va abadni, ibtido va intihoni tan olardilar, biroq oʻrtada -bu dunyoda inson oʻzicha yashaydi, unga ilohiy kuch ta’sir etmaydi, deya da’vo qilarilar. Bundan kelib chiqadiki, avom tili ila aytganda, Olloh taboraka taolo insonni dunyoga keltiradi-yu oʻz holiga tashlab, uni unutadi. Oxiratda esa taqi oʻz tasarrufiga oladi. Bundan oʻzga, yana tagʻin ular ibodatning shaklu shamoyilini ham tan olmaydilar. Ollohga ibodat qilmoqlikda ibodat shakli, ya’ni surati ahamiyatsiz, kishi xohlagan alpozda Yaratganga sigʻinishi mumkin, deya fikr etadilar. Eng asosiysi va xatarlisi shundaki, ular aql hamma nimarsaning asosi hamda boshlanishi deya tushunadilar. Asta-sekin anglamoqdaki, Umar Xayyomning dunyoga nazari ham ularniki mengiz ekan. Alxulosa, Gʻazzoliy faylasuflarning majoziy, imo-ishoralar tarzida, nim kosa qilib soʻzlashlarini ham yoqlamasdi. Uningcha, fikr tiniq va aniq boʻlmogʻi lozim. Faylasuflarning bitiklarini har yoqqa ogʻdirib anglash mumkin, chunki ularning tagdor fikrlari har bir odamning qanday tushunmogʻiga va qay yoʻsin talqin etmogʻiga bogʻliq...

Gʻazzoliy bu kun ertalabdan Nizomiyada talabalarga saboq bermoq ila mashgʻul boʻldi. Isfahon talabalari ham oʻz zamonasining farzandlari edilar. Zero ular Umar Xayyomdek olim va shoir hamda vaziri a’zam Nizom ul Mulk kabi donishmand zotlar ta’sirida ilm izlardilar. Ular bahsu munozaralarda jur’atli va savol qilishda iymanib oʻltirmasdilar. Chunki hur fikru a’molli zakiy shoir Xayyomning ruhiy ta’siri butun boshkent boʻylab taralgan edi. Shuning uchun ular ilohiyot ilmining yetuk olimi, shayxulislomdek zotning e’tiboriga tushgan shariat mardining sabogʻiga ham qiziqish, ham ishtiboh va hatto ba’zilari undan bir xatar kutayotgandek munosabatda boʻlardilar.

Xona suv quygandek jim-jit. Abu Homid Gʻazzoliy tolibi ilmlarga saboq bermoqda. Saboq poyonlab borayotgani bois voiz talabalardan tushgan savolga javob qaytarardi:

-Barcha xatokorligʻlar ibohat, ya’ni yoʻl qoʻyishlik tufayli bino boʻlgʻuvsi. Siz aytgan zotlar johildurlar-ki, bas, mavjudot ahvolini nujum va tabiatga havola qilurlar. Va ayturlarki, odam, hayvonot, balki hamma mavjudot oʻzicha paydo boʻlgʻondir. Taqi abadiy boʻlgʻuvsi, deydilar. Bu toifaning misoli shunday kishiga oʻxsharkim, xushxat kitobni koʻrib ayturkim, bu xat oʻzicha bitilgandur. Tabiiyun va munajjimning qismati oxir oqibat shaqovatga (baxtsizlikka) giriftordir.

Gʻazzoliyning gaplari ba’zi talabalarga oʻzgacharoq ta’sir etdi shekilli, bir qoʻzgʻolishib, bir-birlariga ma’noli qarab qoʻydilar. Buning boisi ayon-ular goho esa-da Xayyomdan saboq olishgan va uning fikrlaridan hamda rasadxonada jumla koinotni oʻrganish borasida olib borilayotgan yumushlardan har tugul boxabar edilar. Umuman Isfahon ilm olami, bu yerdagi olimlarning dunyoviy ilmlarga munosabati oʻzgacha edi. Ularning fikr mezonlarida hurlik ustuvor edi.

Biroq Gʻazzoliy bagʻoyat ta’sirli va chiroyli soʻzlardi, fikrlari ishonchli asos ila bezangan edi.

-Ikkinchi bir guruh borkim, oxiratni inkor eturlar. Ayturlarkim, odam hayvonot va nabototga oʻxshashdur, vaqtiki qazo qilsa, nobud boʻlur, unga savob va azob boʻlmas, deb oʻylaydilar. Bas, bu johillar oʻzlarini xar (etmak), gov (sigir) va giyoh qatorida bilgaylar. Ruh haqiqati odamiy ekanligini bilmaslar, uni tanimaslar. Illo ruh abadiydurkim, hargiz oʻlmas.

Orqaroqda oʻltirgan qaysidir tolib savol tashladi:

-Hayvonotda ruh boʻlmasmi?

Voiz hali soʻzini tugatmagan boʻlsa-da, odobsiz tolibning soʻrogʻini malol olmadi va uning bu tezkorligi gʻoʻrlik hamda qiziquvidan deb bildi. Sokin ovozini mutlaqo oʻzgartirmagan holda savolga javob bermoqqa tushdi:

-Ha, hayvonotda ruh boʻlur. Vale ruhi hayvoniy ruhi odamiydan on qadar tafovutlidir. Chunonchi ruhi hayvoniy bu dunyo uchun va uning tirikligi uchundir. U tubandir. Biroq hayvonotda dil boʻlmas. Ruhi odamiyning quvvati dil iladir. Chunonchi ruhi odamiy abadiydur, ruhi hayvoniy esa oʻlmak birga gʻoyib boʻlur.

Barcha jim qoldi. Savol berguvchi javobdan qanoat hosil qildi chogʻi, boshini egib, avvaldagilar ortiga berkindi.

Taqi kimdir savol qildi:

-Munajjim, ya’niki jumla tabiiyunlarning gʻalatligi xatokorligi ne ila oshkor boʻlur?

Gʻazzoliy goʻzal qiroat ila surai «A’rof»dan bir oyat oʻqidi (oyatning ma’no tarjimasi quyidagicha):

-«Oftob va oy va sitoralar Haq subhonahu va taoloning amriga tobe’ va musaxxardurlar.» Musaxxar deb ani ayturmizki, u birovning farmoni ila ish qailgʻay. Bas, nujum oʻzicha bir ish qilolmas, balki farishtalar farmonicha ish qilur. Chunonchi payning amali atrof badanni harakat qildurmoqdadir. Ya’niki kavokib (yulduzlar) oxirgi martabadagi chokarlardan(xizmatkorlardan)dur. Illo kotib ilkidagi qalam kabidur.

Ularning bir guruhi soʻqirlarga mengizdur. Eshitibdurlarki, ularning shahrigʻa fil kelibdur. Ular jam boʻlishib, filni qoʻllari ila silab, tanimoqni, anglamoqni xohish qilur. Ba’zisi filning qulogʻini va ba’zisi oyogʻini va ba’zisi dandonini (tishini) paypaslaydurlar-da, fildan xabar bermoq boʻladilar. Biri filning oyogʻini silar va ayturki, ustun yangligʻ nimarsa ekan. Dandonini ushlagani esa fil pichoqqa oʻxshash nimarsa ekan, deydi. Ulki qulogʻini silaguvchi filni gilamga oʻxshatur. Bu toifalar hammalari rost ayturlar va ham xato qilurlar. Chunki ular filning hamma a’zosini bilishlikni gumon qilurlar, biroq ba’zi a’zosidan xabardor, oʻzgasidan bexabardurlar. Shu kabi munajjim va tabiiyunlar ham Hazrati Haq subhonahu va taoloning chokarlaridan ba’zisini tanib, uning gʻolib va ulugʻvorligidan taajjub qilib, «podshoh ushbudir», deb ayturlar. Ular bu moʻ’jizakor hilqatlar taqi kimningdir iznu farmonida ekanligini anglamaslar. Mana, ularning gʻalatligi va ojizligi. -Gʻazzoliy berilib soʻzlardi va shul bois toliqqanligini tan olmoqni istamasdi. Asli bu kungi dars oʻzgacha boʻldi-uning huzurida talabalarning koʻzlari yona boshladi. Bu yaxshilikdan darak. U yana uzoq gapirdi va savollarga astoydil javob qaytardi. Saboqni esa ushbu soʻzlar ila yakunladi:

-Xususan, ilmi kalom va farosat ilmini ehtiyojidan tashqari talab qilib, fikh ilmi ila hojatdan ortiqcha mashgʻul boʻlgan kishilarga nasihat qilmoqlik ogʻir kechadi. -Voiz bu ila ilmi toliblarni taqi bir bora shariat va ilohiyot ilmlari sari da’vat etardi...

Namozi asrni oʻz hujrasida ado etgan Gʻazzoliy koʻngil ishtiyoqi ila rasadxona tomon yoʻl oldi. Shahar darvozasidan chiqib, shahar devorlari ostidan kovlangan chuqur handaq ustidagi koʻprikdan oʻtib borarkan, ne-ne jangu jadallarni koʻrgan koʻhna Isfahon haqidagi oʻy shuuriga urildi. Vo darigʻ! Bashar qismati vahshatu quvonchlarga, zulmatu ziyoga bunchalar qorishiq boʻlmasa! Ehtimol mana bu handaq bagʻrida qon daryo kabi oqqandir. Roʻbaroʻda esa, dunyoviy ilmlar qoʻrgʻoni, koinotga narvon qoʻymoq istagan rasadxona qad tutib turibdi. U rasadxonaning qir ortiga yashiringan pahlavonning dubulgʻasi yangligʻ koʻrinayotgan gumbazlariga, Boʻyra qishlogʻini qurshagan viqorli ogʻochlarga va ularning ortida osmonga yelka tutgan ulkan qoyalarga boqib, oʻzicha hikmatlar yaratdi. Ha, yuksakligu tubanlik, ezguligu yovuzlik, razolatu adolat hamisha yonma-yon. Bunga mana shu handaq, inson qoni ila sugʻorilgan anovi giyohlar, ulugʻvor gumbazlaru haybatli qoyalar guvoh...

Gʻazzoliy rasadxona darvozasidan kirib borganida Mikoil sahnning oʻrtasida Polvonning yungini taramoq ila band edi. U bu bahaybat mahluqning harakatlaridan, suratidagi mardonalikdan zavqlanib jilmaydi. Kirib kelgan mehmonni allaqachon tanib ulgurgan Mikoil qaddini rostlab, unga salom berdi. Mehmon esa mudom tabassum ila salomga alik olarkan, Polvonning qiliqlarini kuzatib, xiyol turib qoldi. Bu uning rasadxonaga ilk bora qadam qoʻyishi edi.

-Ahli ilm yuqoridalar, taqsir. -dedi uning qay tarafga yurmoqni bilmayotganini sezgan Mikoil.

Gʻazzoliy Mikoil koʻrsatgan tomondan yuqoriga koʻtarildi. Usturlob oʻrnatilgan bizga tanish xosxonada Vositiy, Isfazariy va taqi boshqa bir necha yosh olimlar jam boʻlgandilar. Ular xontaxta ustidagi qogʻozlarga boqib, nelarnidir hal etmoq ila ovora edilar. Rindoniy ham ularning tevaragida uymalashib yurardi.

Gʻazzoliyning salomiga alik oldilar-da, oʻltirmoq uchun taklif etdilar.

-Hazratim nechuk baqodin fanoga qaytish qilibdilar? -dedi Isfazariyning shumligi tutib.

Mehmon bul nujumparast olimning soʻzidagi ma’noni anglab, kuldi:

-Yulduzlar ularga gʻalat ma’no berayotganliklaringizdan arz etdilar, shul bois...

Uning gapi yengil kulguga sabab boʻldi.

-Tashrifingizdan boshimiz osmonga yetdi, janob.-dedi Vositiy ilkini koʻksiga qoʻyib.

-Qulluq. -ta’zim qildi Gʻazzoliy ham va - Umar Xayyom janoblari koʻrinmaydilar?-deya soʻradi.

-Namozi asrni jamoat ila oʻqidilaru hujralariga qaytdilar. -deb javob qildi Rindoniy.

Gʻazzoliy xontaxta ustidagi chizmalarga qaradi. Unda zaminning surati, ya’nikim quruqlik va suvlik xaritasi yoʻgʻon-yoʻgʻon had ila aks ettirilgandi.

-Bu zaminimiz suvratimi?-soʻradi Gʻazzoliy chizmalarga chuqurroq tikilib.

-Ha. -dedi Vositiy qisqa qilib.

-Qayoqdan bildingiz, hazratim? Axir eski kitoblarda yer nahang va hoʻkiz ustida turadi, deyilardi-ku. -deya bidilladi Isfazariy.

Vositiy unga qarab qovoq uyib qoʻydi.

Ammo Gʻazzoliy uning bu beodobligiga pinak buzmay, kuldi-yu taqi oʻz soʻrogʻiga qaytdi:

-Nedin bilursiz buni? Yoki bu ham yulduzlar bashoratimi? -U oʻzining gapi ham kinoyaga oʻxshab ketganligiga ichida afsuslandi.

-Yoʻq, -dedi Vositiy xotirjamlik ila javob berarkan. -Bularning bari ilmi handasa va aljabr asosida hisob-kitob qilingan. Illo ularni toʻlasicha aynan ham deb boʻlmas.

Gʻazzoliy javobdan qoniqish hosil qildi shekilli, qaytib savol bermadi. Biroq qalbidagi va umuman vujudidagi halovatga, sokinlikka nimarsadir halal berayotganligini seza boshlagandi. Shul bois bu holatni qalb koʻzi ila taftish qilmoqqa tushdi. Filhaqiqat, bu ilm koshonasi boʻlmish rasadxonada koʻz ilgʻamas, quloq eshitmas bir gʻalayon, balki isyon mavjud edi. Uni faqatgina uygʻoq qalb ila koʻrmoq, his qilmoq mumkindir. Ehtimol Xayyomning ta’sirimidi, har tugul bu yerda, undagi odamlarda, hattoki odamlarning sukutida ham jazava, gʻalayon bordek edi. Gʻazzoliy buni sezib turardi, biroq ularning oʻzlari payqamasdilar.

-Koinotni, nujumni shu ila kuzaturmisizlar?-dedi u bolalarcha qiziquvchanlik ila usturlobni koʻrsatib.

-Shunday. Shu va shu kabi taqi bir asbob-suds ila kuzaturmiz. -Javob qildi yana Vositiy.

-Yumushingiz bagʻoyat qiziqarli ekan.

-Bizning yumushlarning qizigʻini ustoz Xayyomdan koʻrursiz hali. -dedi Isfazariy kulgu yasamoqqa urinib.

Gʻazzoliy oʻzi tengi bu yigitning koʻp soʻzlaguvchi ekanligidan ozor topganday boʻldi-yu, lekin yonidagilarga sezdirmadi.

-Ha, ustozingiz haqida koʻp eshitganmen.-dedi u yorugʻ biri niyat ila oʻychan qiyofada.

-Hazratim may va xojamizning unga oshnoligi haqida oʻyladilar chogʻi? -deya gap qoʻshdi sarxush Rind.

Gʻazzoliy bugun ancha toliqqan boʻlsa-da, ruhan tetik edi.

-Aslo. Bu nimarsa xayolimga ham kelmagandi.-dedi u Rindoniyning soʻrogʻidan hayron boʻlib.

-Hozir xayol qilmagan boʻlsangiz, bir kun albatta xayol qilursiz. Shuning uchun aytib qoʻymoqchimanki, xojamiz goʻdak misolidir. Goʻdakni bilursiz, agar qorni ochsa yoki onasini koʻrgisi kelsa, oʻzini ham faromush aylab, yigʻlaydur. Shu qadar berilib yigʻlaydiki, onasi tugul boshqa odamning ham diydasi yumshaydur. Xayyom hazratlari ham sarxush boʻlganida ana shundayin boʻzlaydi. Oʻzini unutib, Ollohga singib ketgisi keladi. Buning nimasi ayb?! Rostlik chogʻida bunday boʻlmaydi.

Yo tavba, deya oʻylardi Gʻazzoliy, bular barchasi bir boʻlib, kimdan kimni himoya qiladurlar? Mendan Xayyomni, Islomdan dunyoviy ilmlarinimi? Axir bu borada bir soʻz aytmadim-ku! Bu nedin? Biz haqimizda toʻqilgan malomatlardan, ilmdagi, dindagi bid’atlardan (yangiliklardan), ilm va dindagi xurofotlardan emasmi! Bunchalik hadiksirash va badgumonlik koʻngil qaroligʻidan ham darakdur balki? Yo Olloh, har neki ilmni izlagan kishida yomonlik boʻlmasligini nahotki bular bilmasalar?..

-Assalomu alaykum! Ahlan va sahlan, yo mehmoni aziz. -Eshik tomondan Xayyom jilmayib kirib kelardi.

Salomdagi samimiyat va tabassumdan Gʻazzoliyning koʻngliga yorugʻlik indi.

Yuzlarga fotiha tortdilar.

-Xayriyatki janoblari biz gʻariblarni ham yoʻqlamoqqa jazm etibdilar. -Xayyom mehmonga toza bir nigoh ila yuzlanib, soʻzlardi. -Qutlugʻ qadamlariga bagʻoyat mushtoq edik.

-Qulluq, taqsir.-dedi Gʻazzoliy ham koʻngli ancha koʻtarilib.

Mehmon taqi biroz oldidagi qogʻozlarga tikilib oʻltirdi-da, mulohazakor ovozda soʻzlay boshladi:

-Ba’zi oʻzlarini Islomning doʻstlari deb bilguvchi kishilar har neki ilmni, ayniqsa, dunyoviy ilmlarni inkor etmoq ila dinu shariatga quvvat bermoq mumkin, deb oʻylaydilar. Bu fahmsizlikdan oʻzga nimarsa emasdur. Illo riyoziyot, handasa kabi ilmlarni rad etmoq ila dinga koʻmak berurmen, deb oʻylaguvchi kishilar behad jinoyatkordurlar.

Davradagilarning barchalari sergak tortib, bir-bir koʻz urishtirib oldilar. Turgan gapki, bu soʻzlar, ayniqsa, Xayyomga yoqib tushdi va uning nazdida, kesakdan olov chiqqandek tuyuldi.

-Janoblari rost aytadurlar. Biroq unda ba’zi din peshvolarining din ila dunyoviy ilmlarni qarama-qarshi qoʻymoqliklaridan ma’no ne? -deya soʻradi u oʻz fe’liga zid ravishda yumshoqlik ila.

Gʻazzoliyning ovoziga salobat kirdi:

-Bu dindor niqobidagi dinsizlar ishidur. Lekin ba’zi zaif iymonli va adashgan olimlar, ya’ni tabiiyunchilar ham borki, oʻz aqllariga bino qoʻyishib, yaratuvchilik da’vo qiladilar. Aslida ilm Ollohga emas, insonlar uchun lozimdur. -Uning koʻzlari tobora chaqnab, yonib borardi. -Qarang, olam, koinot qanchalar mukammal yaratilgan. Dunyoviy ilmlarning sohiblari ana shu mukammallikni oʻrganib, uning hajmi, vazni, tezligi va boshqa oʻlchovlarining allaqachonlar (azaldan) aniq boʻlmish mukammal hisob-kitobini oʻzlari, ya’niki ahli bashar uchun isbotlaydilar xolos. Olloh Subhonahu va taologa esa bu eski kashfiyotning taqi bir bora e’tirof etilmogʻining minba’d zaruriyati yoʻqdur.

Xayyom roʻbaroʻsida oʻltirgan yosh olimning benazir aql-zakovatiga ichida tan bermoqda edi. Biroq insoniy xudbinlik uning tilga chiqarilishiga monelik qilardi. Buning ustiga shoir undan hozirgiday xolis va asosli fikrlarning chiqmogʻini kutmagan edi.

-Unda qay yoʻlni tutmoq lozim? -deya soʻradi u «siz ne deysiz» qabilida.

Mudom barcha jim edi va hammalari bu ikki ulugʻ olimning suhbati ne ila yakun topmogʻini kutardilar.

-Olimlikda xatar bor. -deya soʻz boshladi Gʻazzoliy endi ovozini xiyol pasaytirib. -Izidan odamlar ergashadigan olimning gunohkor boʻlmogʻi oson. Jumladan, uning ipakdan libos kiyishi, oltin egarli ulovga minishi, sultonlarning shubhali molidan olishi, ularning huzuriga kirib turishi, ular haqida gapirganida taraddudlanishi, inkor etish lozim boʻlgan oʻrinlarda ham ularni ma’qullashi, dilozorlik qilishi, behuda bahsga chorlab, kimnidir tahqirlashni qasd etishi, faqat dunyoviy manfaat talabida ilm ila mashgʻul boʻlishi gunohi sagʻirani gunohi kabiraga aylantirguvchidir. Negaki ushbu gunohlarni qilayotgan olimga odamlar ergashadi...

Bu gaplar shoirni zeriktira boshladi. Shul bois mehmon gapini tugatar-tugatmas, soʻzga tushdi:

-Bu gaplaringiz xoʻp ma’quldir, janob. Biroq soʻzlarimni ogʻir olmasligingizni oʻtinamen, shundayin gaplarni koʻp soʻzlaguvchi shariat peshvolarining oʻzlari ayni oʻsha gunohlarni koʻp qilguvchilar emasmilar? -Xayyom bir pas toʻxtalib oldi. -Paygʻambar alayhissalom sayyidimizning hayotlari va sunnatlari haqida koʻp kitoblar yozilmish. Ayniqsa, hazrati Buxoriyning «Sahih»i («Ishonarli hadislar toʻplami») barchalarimizga ibrat oinasidur. Yoxud movarounnahrlik islomiy olim Termiziyning «Shamoyili Muhammadiya» kitobini oling. Ularda Mustafo alayhissalom naqadar sodda, oddiy, tufrogʻ qadar (xokisor) tasvirlanadur. Ul zoti tabarrukning sifatlarini tasavvur etib, hatto ustimizdagi mana bu kiyimlar ham ortiqcha tuyulib, ogʻirlik qilib qoladi. Bizning ustunlarimiz-shariat peshvolarichi?! Buning butkul aksi emasmi? Ular shohona kiyinadurlar, noz-ne’matga koʻmiladurlar, in’om ilinjida yolgʻon fatvo beradurlar. Axir ular emasmi, dini Islomni, paygʻambar alayhissalomni xalqdan uzoqlashtirgan?! Endi ular oʻz nafslari yetovida sayyidul anbiyoning pokiza shariatiga yangi-yangi hadlar torta boshladilar. Shundogʻ ekan, yuz yoxud ming yildan soʻng shariatning ahvoli ne boʻlur? Dinni, shariatni bilganlar yuhoga, mansabdorga aylanmasmu?!..

Gʻazzoliy shoirning qalbidagi ulugʻ isyonni, olovni his etib turardi. Aslida uning oʻzida ham oʻsha oʻt mavjud ediki, biroq bu olovga bir oʻzan topolmay halak edi. U Xayyomdagi isyonning va hatto gʻazabning asli ezgulik ekanligini yaxshi bilardi. Shul bois uning haq soʻzlariga soxta e’tiroz bildirmoqdan tiyilib, mavzuni boshqa yoqqa burdi...

Oʻninchi bob

1

Xayyomning vujudida kechayotgan gʻalayonlar tobora avj olardi. Rohib Arturning oʻlimidan qattiq mutaassir boʻlishi va keyingi kunlarda koʻnglida Maryamga nisbatan oʻzga ixtiyorning vujudga kelishi, umuman jonu jahonida kechayotgan toʻlgʻonishlar uni bagʻoyat behalovat etib qoʻygandi. Qalbi bir yangilikni, huzurbaxsh halovatni istardi. Xuddi shu kechmishlari asnosida Gʻazzoliyning suhbatiga oshno boʻldi va uning huzurida vujudida kechayotgan gʻalayonlar tinayotganini, hech qursa, sust olayotganligini sezdi. Chindan-da bu yigitga soʻlim bir halovat oshno edi. Uning oʻz suhbatdoshini ehtiyotlab soʻzlashi, oʻzgalarni tinglay bilishi va fikrlarini aniq, ravon ifodalashi shoirga ta’sir qildi. Oʻzining xiyol dagʻal fe’liga aksil oʻlaroq yangi oshnosining hoʻyi unga yoqib tushdi va u hatto ayni damda erishayotgani halovatdan mosuvo boʻlmoqlikni ham istamasdi.

Oʻshanda Gʻazzoliy rasadxona xosxonasining darichasi osha oqish samoga boqarkan, Xayyomga dedi:

-Mana shu qismlari bir xil koʻrinishda boʻlgan samo bagʻridan uning qutbiy qismini aniqlab beringchi, ey, falakiyot ilmining sultoni.

Xayyom bu bahsli mavzudan ehtiyotlanib, uzoq va batafsil gapira boshladi hamda bunda harakat qandaydir tabaqalanmogʻini tushuntirmoqqa urindi. Batafsillik shoirning fe’liga xos edi va shul bois ham uzoq soʻzladi. Oqibat fursat yetib, namozi asrga chorlovchi azon eshitildi. Gʻazzoliy Xayyomning gapini adabli ishorat ila toʻxtatdi-da, arabiy lisonda dedi:

-«Haqiqat keldi, botil ketdi...» («Al-Isro» surasi, 81-oyat).

Bu kech ular shom namozini ham rasadxonada birga ado etdilar. Gʻazzoliy roʻzador boʻlganligi bois kechki tanavvuldan bosh tortdi-yu vale ozgina suv va bir burda non ila iftorlik qilib oldi. Soʻngra uning ixtiyori ila usturlobda yulduzlarni tomosha qildilar, sayyoralar, burjlar haqida soʻzlashdilar. Gʻazzoliy osmon ilmidan tuzukkina boxabar ediki, bu Xayyom uchun ayni muddao boʻldi.

-Qarang, kunduz charogʻi xurshidi olam (Quyosh) eng kichik yulduz hisoblanadi. Agarki eng mitti yulduzning harorati shunchalar boʻlsa, koinotni toʻldirgan son-sanoqsiz ulkan yulduzlarning bagʻridagi otashi qanchalar ekan? Bir kun kelib bashar farzandi samolarni kezmoqqa qodir boʻlarmikin?-Xayyom osmonga intiq tikildi.

-Bu ham boʻlsa, Olloh taboraka taoloning qudrati beqiyos ekanligidan dalolat. Mana shuncha ulkan olovli sayyoralarni bir joyga jamlab, bizning nigohimizga oshkor etib qoʻyganligining oʻzi buyuk moʻ’jiza. Subhonolloh! Buncha koʻp yulduzlarni bagʻriga singdirgan koinot qanchalar cheksiz. Axir ular bir-birlariga zarracha halal bermaydilar. Birgina Quyoshning harorati yoz oylari bizlarni ne ahvolga soladi. Mabodo oʻshal yulduzlarning birontasi zaminimizga yovuq kelib qolsa bormi!.. Xudoning oʻzi asrasin. Ha, majusiylar bejiz quyoshga, olovga sajda qilmaydilar, zero ular bu moʻ’jizalardan lol boʻlib, aqllarini yoʻqotmishlar va buning ortidan oʻshal olovning yaratuvchisini, sohibini unutmishlar.

Xayyom uchun yoqimli suhbatga taqi choʻgʻ tashlandi.

-Men sizning fikrlaringizni inkor etmoqqa ojizmen. Biroq oʻshal adashganlar koʻp ulugʻ moʻ’jizalarni kashf etmishlar. Janoblariga ma’lumki, alkimyo va uning natijasida kashf etilgan kibratul ahmar (hikmat toshi) ham majusiylar tafakkuri mahsulidir.-dedi u endi ancha bosiqlik ila.

-Ha, alkimyodin boxabarmen. Ular moddalar aralashuvidan oltin bino eturlar. Kibratul axmar esa har ne moddaga chogʻishtirilsa uni oltinga aylantirur. Haqqi rost, bu bagʻoyat goʻzal moʻ’jizadur. Biroq u aqlning sehru joduga uyqash bir mahsulidir. Islomda esa dil kimyosi mavjud. Uning sohiblari koinotni keza oladilar, farishtaga mengzab, harki nimarsaning mohiyatini, lisonini anglay boshlaydilar.

-Bu ikki kimyo qovushsa-chi?-deya soʻradi Xayyom keskin bir tarzda.

Gʻazzoliy soʻzsiz qoldi. Hamsuhbatining soʻrogʻiga fikran javob izladi.

Xayyom uni bu koʻyga tushirib, goʻyo mot qilganidan xursand boʻlmasdi, u oʻzini toʻlgʻoqqa solib kelayotgan jumboqqa tafakkuri keng suhbatdoshidan javob olmoqqa umid qilgandi. Lekin Gʻazzoliyning oʻyga tolganini koʻrib, savoli taqi javobsiz qolmogʻini angladi. Albatta, buning kabi ul ham bir banda. Banda esa oʻz nomi ila banda, ya’ni bandi. Uning shuuri hadli, ixtiyori tushovligʻ. Shunday boʻlgach, undan ortiqcha nimarsani talab etmoq ayni chogʻda xatokorligʻqa yuz tutmoq ila barobardur.

Filhaqiqat, Gʻazzoliy oʻy ila band edi: chindan-da ikki kimyoni bir etsa ne hol roʻy bergay? Dil kimyosini anglamoq uchun iymonli boʻlmoq shart. Demakki, alkimyodan voqif boʻlmish majusiy dil kimyosidan boxabar boʻlmogʻi mumkin emas. Unda sohibi iymon alkimyoni oʻrganmogʻi mumkin ekan-da. Albatta, bunga qodir, biroq u bu kabi yumushlarga ixtiyor etmas.

Bundan xulosaki, ikki kimyo birlashsa, chuqur ketiladi. Chuqur ketmoq esa... Yo Olloh!.. Aslida sohibi dillar ikki kimyoni ham Tangri ishqi ila koʻngulda kashf etmoqqa imkonligʻdurlar-a!.. Gʻazzoliy oʻy surarkan, yonidan shoirning past, vale qiroatli ovozi eshitildi:

-Meni ayladilar, dunyoda mavjud,
Hayotda topganim hayrat, taraddud.
Bu yoʻlni oʻtdimu tushunolmadim,
Kelmagu ketmakdin ne ekan maqsud?!

Gʻazzoliy oʻychan koʻzlarini Xayyomga tikdi va biroz jim turdi. Soʻng

-Sinovdur maqsud. -dedi sekingina.

U yosh edi, ammo iymon halovatini tuyib ulgurgandi va shuning uchun ham har bir harakati, soʻzi mayin, sokin edi.

-Isfahon qadim va obod shahar. -dedi Gʻazzoliy ozgina fursat oʻtgach, taqi tilga kirib.-Biron kuni shaharni tomosha qilsam deb edim. Mabodo imkon topib, menga hamrohligʻ qilsangiz bagʻoyat xursand boʻlurdim. Har holda siz bu koʻhna shaharni yaxshi bilursiz.

-Bosh ustiga. -dedi Xayyom samimiy boqib. -Ixtiyor etgan kuningiz men hozir boʻlurmen.

-Tashakkur. Shu bir-ikki kun ichida sizga kishi yuborib, xabar berurmen...

2

Xayyomning hayotida taqi bir evrilish roʻy bermoqda edi. Uning soʻnayotgan tuygʻulari tagʻin uygʻona va umriga qachonlardagi kabi yana ma’no kira boshladi. U oʻtgan shu bir necha kunlar ichida Gʻazzoliy haqida yanglish fikrda boʻlganligini fahmladi. Barcha fikrlariga, din, ilm borasidagi soʻzu bitiklarining barchasiga ham qoʻshilmasa-da, uni zakiy suhbatdosh, turfa bilimlarning donishmand sohibi va ayniqsa, xulqu odobi raso zot sifatida oʻz qalbiga jo etdi. Bir-ikki bor suhbat qurgach, ixtiyorsiz tarzda taqi uning suhbatini sogʻinadigan boʻldi. Devonai sarkash koʻngli bir oshno topdi goʻyo. Bilmas kishilarga ularning bahslari oq va qora ranglarga qiyos boʻlgulik tarzda tuyulishi mumkin edi. Biroq ular suhbatlari avj olgani sarin bir-birlarini tobora kashf etib, borardilar. Xayyom roʻbaroʻsidagi goʻzal suratu siyratli yigitga boqarkan, avom va hattoki ahli shariatu uning peshvolari bilgan Gʻazzoliy-bu hali asil Gʻazzoliy emasligini his etardi. Uning suratida niqob, siyratida moʻl asror mujassam edi. Aslini olganda, Xayyomning oʻzi ham shunday emasmi: axir tunlari toʻlgʻongan, tushuniksiz oʻtlarda jizgʻanak boʻlib, oʻrtangan, bir she’r koʻyida olamga sigʻmagan, goho ilohiy hilqatlar qurshovida qolgan Xayyomni kim ham bilibdi?!.. Bilmas, bilolmas. Ehtimolki Tangri taolo Gʻazzoliy timsolida shoirning yuziga oina tutmoqdadir? Balki buning aksidir. Sirlar, sirlar, sirlar!.. Bu dunyoning asli pardaligʻ emasmi, ya’niki banda toʻrt yon parda arosinda. Bu pardaning koʻtarilmogʻi uchun on qadar jiddu jahd lozim. U Gʻazzoliyda ana oʻsha jahdni tuymoqda edi...

Shahar tomoshasini Nizomiyaga tutash shahristondan boshladilar. Minorasi uzoq-uzoqlardan koʻrinib turguvchi jome’ masjidi, dongʻi olamga ketgan kutubxona, sulton saroyi va malika-yu shahzodalarning qasrlarini jam etgan bosh maydon ortda qoldi. Abu Homid bularni koʻrib ulgurgan edi. Mana ular shohmaydondan boshlanguvchi koʻchaga chiqdilar. Tosh yotqizilgan yoʻlning ikki chetidagi qatorasiga ketgan turfa doʻkonlarning oldidagi ogʻochlar-sapidor va sarvlar yam-yashil tusga kirgan. Ularning ostidagi chetiga tosh terilgan ariqchaning suvi lim-lim oqib, nozik farosat ila tekis ekilgan har turli gullarga hayot baxsh etayotganday. Isfahonni bejiz «shahri sabz» («yashil shahar») deb atamasdilar, zero unda daraxtu mevalar, gulu suv bagʻoyat moʻl edi. Shaharning bu sifati ayni kunlarda tagʻin-da yaqqol namoyon boʻlmoqda edi.

Gʻazzoliy shaharning goʻzal suvratiga mahliyo boʻlib borardi.

-Shahar bagʻoyat ozoda ekan. -dedi u Xayyomga bir qarab olgach, atrofga intiq tikilib. Farroshlarning sidqidil mehnatlari koʻrinib turibdur.

-Toʻgʻri anglabsiz. -Uning gapini tasdiq etdi shoir,-Sultonimiz va ayniqsa, vaziri a’zam hazratlari boshkentning ozodaligiga alohida e’tibor qiladilar. Shul bois ham farroshlarga yaxshi haq toʻlaydilar.

-Ofarin! Sulton hazratlarining ham, vaziri a’zamning ham umrlari uzoq boʻlgʻay!

Ular ohista qadamlar ila yonma-yon borardilar. Gʻazzoliy har bir nimarsani nazaridan qochirmaslikka harakat qilar, mavridi kelsa yoxud ehtiyoj tugʻilsa Xayyomni soʻroqqa tutardi. Yoʻldan oʻtayotganlar, chetda turganlarning aksariyati ularni, toʻgʻrirogʻi, shoirni tanib, astoydil salom berishar, ikkisi esa suhbat ila andarmon boʻlganliklari bois, koʻproq bosh silkib alik olardilar-da, oʻtib ketardilar.

-Buxorolik Abu Ali ham bu koʻchalarda kezgan chiqar?-deya savol qilgan boʻldi Gʻazzoliy.

-Ha. Gʻaznalik Mahmudning zulmidan qochib, bir muddat Isfahonda ham jon saqlagan.-dedi Xayyom uning savoldan muddaosini anglashga urinib.

Gʻazzoliy oʻychan qiyofada dedi:

-Ul zot tabiat ilmlari bobida benazir olim va ulugʻ hakim edi.

-Qur’onu sunnat ilmlarini ham mukammal egallagandilar.

-Sizga ustoz qavmida chogʻi?

-Shundogʻ, janob. Ul zoti muborak ilk toshini qoʻygan rasadxonada ilm etayotganimdan iftixor qilurmen. Riyoziyot, handasa, falakiyot va tabobat ilmlari borasinda, aytganingizday, shogird maqomidadurmen. -dedi Xayyom ovozini xiyol koʻtarib.

-Unda Abu Alining ruhning koʻchib yurishi va bandaning taqdiri dahlsiz ekanligi haqidagi fikrlariga ham qoʻshilarsiz?

-Ya’ni?

-Uning fikricha, kishi ruhi hech qachon yoʻq boʻlmaydi, u qazo qilgach, yoki inson, yo hayvon va yoxud ogʻochmi, giyohmi taniga jo boʻladi. Bu to roʻzi mahshargacha davom etaveradi.

Endi bandaning taqdiri xususiga kelsak, hakimi hoziqning bayonicha, ibtido bor, intiho bor va u Haq taolodan, biroq oʻrtada, ya’nikim bu foniy dunyoda inson taqdiri mutlaqo dahlsizdir. U ne qilsa, oʻzi qiladiki, illo oxiratda shunga munosib ajr oladi.

Ular suhbatga benihoya berilib ketganliklari bois endi salom berguvchilarga bosh silkimoqni ham unutmoqda edilar.

-Soʻzlaringizdan anladimki, ustozning risolalarini astoydil oʻrganibsiz, Lekin ul zotning ruhning koʻchib yurishi haqidagi fikrlari xususida soʻzlashga ojizmen. Chunki bitiklarida hali bu yangligʻ fikrni uchratmadim.

Bandaning taqdiri dahlsizligi borasidagi fikrlariga esa men ham qoʻshilamen. Sizdayin donishmand shariatpesha qoshida bul soʻzlarim gʻalat tuyular. Lekin suhbatimiz doʻstona bir tarzda erkanligi vajhidin uzr ila oʻz qarashlarimni bayon etay. -Xayyom biroz jim turgach, oʻylarini jamlab oldi shekilli, taqi soʻzida davom etdi. -«Sahih»da shundayin hadis bor: -U hadisni chiroyli qiroat ila arabiyda aytmoqqa tushdi. -«Abdulloh (ibn Mas’ud)rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Har qaysingizning vujudingiz onangiz qornida qirq kunda tarkib topgay, soʻng yana shuncha kunda laxta qonga va yana shuncha kunda bir parcha etga aylangay. Keyin Olloh taolo (onangiz qorniga) bir farishtani yuborib, unga toʻrt soʻzni, ya’ni qanday ishlar qilmogʻingizni, rizqingizni, umringizni va baxtsiz yokim baxtli ekanligingizni yozib qoʻymoqni amr qilgay. Soʻng jismingizga ruh pudalgay. Sizlardan qaysiningizdir oʻzi birlan jannat oʻrtasida bir tirsak masofa qoluncha amali solihlar qilib yurgayda, pirovardida (onasi qornida bitilgan) taqdiri unga peshvoz chiqib, jahannam ahliga mansub bir ishni qilib qoʻygay va sizlardan qaysiningizdir oʻzi birlan jahannam oʻrtasida bir tirsak masofa qolguncha doʻzaxiylarga xos ishlarni qilib yurgay-da, pirovardida (onasi qornida bitilgan) taqdiri unga peshvoz chiqib, jannat ahliga mansub ish qilgay. («Hadis», Toshkent Qomuslar Bosh tahririyati, 2-jild, 367-bet.) -Xayyom tomoq qirib, toʻxtalib oldi. -Ollohning taqdiri, yozigʻi haq. Bu shubhadin holi. Illo inson Olloh taboraka taoloning qudratu muhabbati mahsulidir. Vale hadisning ikkinchi qismi kishida ishtiboh uygʻotadi. Ya’niki bandaning jannatiy va yoxud doʻzaxiyligi avvaldan belgilab qoʻyilgan ekan, unda imtihon qilmoqdin ne ma’no? Buning ustiga Haqning adolati qayda qoladi? Mening fikri ojizimcha ham insonning bu foniy dunyodagi taqdiri dahlsizdir.

-Xayyom al Buxoriyning «Sahih»idan mazkur hadisni eslarkan, shuurida bundan ancha yillar muqaddam ilk bor Samarqandga kelib imom Buxoriyning mozorini ziyorat qilganidagi xotiralar aylandi. Oʻshanda hazrat muhaddisning qabri ustida oʻzi uchun tushuniksiz, biroq huzurli ilohiy jazba holiga tushgandi. Oʻn ikki kun oʻshal mozoristonda toat-ibodat ila mashgʻul boʻlib, savobini imom hazratlarining ruhiga baxshida etgandi. Mozor boshida qalbida tugʻilgan ushbu satrlarni takror va takror oʻqigandi:

Bandalikdan ogʻdim, payqadim, Tangrim,
Yuzdan gunohlarni artmadim, Tangrim.
Lek shafqat kuturmen, chunki umrimda
Tanhoni juft deya aytmadim, Tangrim[2].

Gʻazzoliy shoirning kuyunchaklik ila aytgan soʻzlaridan mutaassir boʻlib, xiylagina sukutda qoldi. Ammo tan berishga yoxud indamay qoʻya qolishga xudbinlik hissi yoʻl bermadimi, bosiq ovozda taqi gapira ketdi:

-Bilasizki, mudarris qay bir tolibi ilm, ya’ni oʻz shogirdining nelarga qobilligini va yoki ojiz jihatlarini juda yaxshi biladi. Lekin mavridi kelganda talabasini albatta imtihon qilmoqlikni ham unutmaydi. Bu uning burchidur. Olloh taboraka taoloning bandaga munosabatini avom tilida mana shu hodisotga qiyos qilgulik.

Xayyom miyigʻida zaharxanda yangligʻ kuldi-da, oʻz odaticha keskin tarzda dedi:

-Bu endi soʻzamollik xolos, janob! Aslida bul soʻrogʻimga javob yoʻq.

Gʻazzoliy «Bismillahir rohmanir rohiym» deb, shirali ovoz ila bir oyat oʻqidi:

-«Axir (qilgan) yomon amali oʻziga chiroyli koʻrinib, uni goʻzal (amal) deb oʻylagan kimsa (Olloh haq yoʻlga hidoyat qilgan zot kabi boʻlurmi)?! Zotan Olloh oʻzi xohlagan kimsalarni yoʻldan ozdirur va oʻzi xohlagan kishilarni hidoyat qilur...» («Fotir» surasi, 8-oyat) -U boshqa biron soʻz aytmadi.

Uning jahdi Xayyomga ham ta’sir etmay qolmadi-u sukutga toldi.

Bu mahal shaharning obod va sarishta bosh koʻchasi nihoyalab, ikkiga ayrildi. Soʻl yoqdagi muyulishga tikilgancha toʻxtab qolgan Xayyomni koʻrib Gʻazzoliy ham qadamini ohistalatdi. Muyulishning soʻl tarafida baland oq bino boʻlib, u katta bir tujjorning uyi ekanligini Xayyom yaxshi bilardi. Yoʻlning narigi betidagi chogʻroq, biroq naqshinkor darvozasi ustiga ixcham ayvoncha qurilgan hovli esa uning uchun anchagina qadrdon edi. Qachonki bu tomonlarga yoʻli tushsa yoxud goho ataylab mana shu darvozani qoralab kelganida unga uzoq-uzoq tikilib qolardi. Chunki bu muyulish, anovi darvoza va uning devorlari Nishopurdagi ota uyiga juda-juda oʻxshardi. Shuning uchun uni koʻrib, olis bolaligi, Nishopur koʻchalari va ayniqsa, rahmatli padari, uni mudom kutayotgan volidasi-yu singlisi haqidagi xotiralarning bagʻriga gʻarq boʻlardi. Sogʻinch va yaqinlariga nisbatan aybdorlik hissi qalbini ezib, qiynoqqa solardi. Hozir ham ayni shu koʻyga tushdi.

-Manov darvoza, bu muyulish Nishopurdagi uyimizga judayam oʻxshaydi. -dedi u ovozi titrab.

Gʻazzoliy undagi evrilishni, iztirobni, oqi qizgʻish koʻzlarining yiltiraganini sezdi. Uning aksi oʻlaroq buning koʻzlari oqi bagʻoyat oppoq boʻlib, qaroqlaridan oq alanga chiqayotganga oʻxshardi. Mahzun turgan shoir uning nigohidan taqi bir bor mutaassir boʻlib, taajjubga tushdi-da, tezlikda oʻz dardini unutib, hamrohini oʻng yoqqa boshladi. Keyingi kunlarda uning oʻngu soʻli ayqash-uyqash boʻlib bormoqda edi. Avvallari oʻzidagi soʻl yoki sogʻ yoqqa ogʻishni shuuran yaqqol sezib turardi. Endi esa goʻyo unga baribirdek-qay tarafga qayrilsa ham ma’no izlamaydi va buning xato yoki oʻzdan ketish ekanligini ham his etadi. Ammo qariyb parvo qilmaydi. Hozir esa beixtiyor oʻngga burildi.

Bu koʻcha shaharning oʻsha bizga tanish eng katta bozoriga eltardi. Ungacha eng katta karvonsaroy ham shu yerga joylashgandi. Karvonsaroyning oldi ancha keng boʻlib, unda otu tuyalar, xachiru arobalar tizilib turar, ularning atrofida gʻimirlayotgan odamlarning baqir-chaqir va soʻzlashuv ovozlari bu jonivorlarning turfa tovushlariga qoʻshilib, quloqni batangga keltirardi. Abu Homid karvon ila shaharga kelgan kuni mana shu karvonsaroyga qoʻngandi va bir necha kun davomida uni tuzukkina koʻrib ulgargandi. Shul boismi va yoki shovqin-suronga toqat qilolmadimi, Xayyomni ham ildamroq yurmoqqa undab, u yerdan tezlikda oʻtib ketdilar. Karvonsaroydan soʻng yoʻl yoqasida hunarmandlarning qator doʻkonlari joylashgandi. Haligi ovozlar ancha ortda qolib, quloqlari tingach, yana asta odimlay boshladilar.

Gʻazzoliy doʻkonlari oldida oʻtirvolib, allanimalarni tikayotgan yoxud yamayotgan kosiblarning harakatlariga ajib bir orziqish ila tikilib borardi.

-Mening padari buzrukvorim ham kosiblikdan boxabar edilar. Bul hunarni benihoya qadr etardilar.

Xayyom endigina bir soʻz demoqchi boʻluvdi hamki, roʻbaroʻsida ularga orqa qilib oʻltirgancha, oldidagi ikki kishiga qiziq gaplarni gapirayotgan kosibning ovozi ikkalovlarining ham xayollarini boʻldi. Darvoqe, bu Talxning doʻkoni-ku, degan oʻy urildi shoirning boshiga va gapirguvchi aynan Shokir Talxning oʻzi ekanligini ham payqadi. Talx esa ularni koʻrmas, tizzasidagi eski maxsiga tinmay bigiz urar, ikki suhbatdoshining quloqlariga boʻlsa soʻz bigizini sanchardi:

-Bu ahli munajjim deganlari oʻzlariga bagʻoyat bino qoʻymishlar. Bir rivoyat eshitib edim...

Ikki olim toʻxtadilar.. Ixtiyorsiz ravishda Talxning soʻzlariga quloq tutarkanlar, uning gaplarini eshitgan Gʻazzoliy Xayyomga bir qur qarab, jilmayib qoʻydi. Unga javoban shoir ham samimiy tabassum qildi. Kosibning ikki suhbatdoshi Xayyomni tanib, oʻrinlaridan qoʻzgʻalmoqchi boʻluvdilar, u «jim» deya ishorat etdi.

Ulardan bexabar Talx esa avom tilidan eshitgan rivoyatini soʻzlamoqqa boshladi:

-Bir kuni Hazrati Ali karamallohu vajhahu Bogʻdod shahrining rastalari oralab ketaturgan ekanlar. Shunda bir munajjimni koʻrdularki, ilmi nujumni koʻp yaxshi bilurmen, deb mubolagʻalar qilib, mahtanib oʻltirubdur. Hazrati Ali kelib, aning ilkidan tutib aytdilarki, «Ey, birodar, siz mundogʻ ilmi nujumgʻa mohir ekansiz, osmonning taboyi’larini va yer yuzi iqlimlarining hammasini yaxshi bilur ekansiz. Shul kabi narhning arzonu qimmat boʻlmogʻini ham bilur ekansiz va oʻzingiz munajjimlarning raisi erkansiz. -Talx soʻzini hamrohlari jimgina eshitayotganliklaridan ilhomlanib tobora avjlanar va ovoziga ham salobat kirib borardi. Shuningdek, u ilkidagi yumushini-da unutmas, barmoqlari bigizga tin bermasdi. -Bas, meni sizga soʻrogʻ etmoqqa hojatim bordur. Emdi siz bu joyda bir lahza tavaqquf qilib turing va men borib taom keltirayun. Ikkimiz hamtabaq boʻlub, xoʻrak qilayluk. Andin soʻngra sizdin maqsadimni soʻrarmen va sizning fazlingizni bul odamlargʻa bildirub mashhur qilayin.» -deya bir kosa sut ila ikki adad non keltirdilar. Kosani oʻrtaga qoʻyub, nonning birini oʻzlari olib, ikkinchisini oʻshal munajjimga berib, dedilar: «Nonni kosaga toʻgʻrab soling.» Va oʻzlari ham nonni toʻgʻradilar, soʻngra ilki ila kosani kovlab, nonni aralashtirdilar. Andin soʻngra aytdilarki: «-Ey birodar, bu nonni yemoqda ham ilmingizni ishlating.» Munajjim soʻradi: «-Bul nongʻa ilmimni qay tariqa ishlatayin?» hazrati Ali aytdilarki: «-Ushbu kosagʻa oʻzingiz toʻgʻragan nonlarni topib oling va men toʻgʻragan nonni adashtirib olib yemang.» Munajjim esa, «Har ikkimizning toʻgʻragan nonlarimiz bir-birigʻa aralashib ketdi. Emdi ani qandogʻ topib olurmen?» deb erdi, Hazrati Ali aytdilar: «-Ey, yolgʻonchi va noinsof, oʻzingni oldingda turgan kosaning ichidan oʻz ilking ila toʻgʻrab solgʻon noningni topib ololmassanu osmonning ustidagi yulduzlarni qandogʻ tanursen?! Olloh taoloning hikmatini va ilmi gʻaybni qandogʻ qilursen?!»

Shunda munajjim «Siz oʻzingiz toʻgʻragan nonni topib olursizmi?»-deya soʻrogʻ etdi. Hazrati Ali aytdilarki: «Men ham bilmasmen va mendan oʻzga kishilar ham bilmaslar, magar Olloh taolo bilur». Ul gʻofil banda dediki: «-Unda koʻrsat oʻshal karomatingni, toki ilmi nujumni qoʻyib, ilmi gʻaybga koʻngul bogʻlay!» Bundin mutaassir boʻlgʻon Hazrati Ali qoʻllarini duoga ochib, munojot qildilar: «Xudoyo! Men Alining qulim deganing rost boʻlsa, Islomning hurmatidin ushbu osiygʻa qudratingni koʻrsatib, aning toʻgʻragan nonini mening toʻgʻragan nonimdan ajrat va xaloyiq oldida meni xijolatdan chiqargil!» Shunda Olloh taoloning qudrati ila kosadagi sut qaynab, munajjimning toʻgʻragan nonini kosadan chiqarib tashladiki, unga sut ham yuqmagan, qurugʻ edi. Ul vaqtda nechalab kishilar bu moʻ’jizani tomosha qilib, taajjubda edilar. Andin soʻngra Hazrati Ali kosani koʻtarub, oʻzi toʻgʻragan non ila xaloyiqni siylardi. Hammani toʻygʻuzdilar, biroq kosadagi non aslo kamaymadi. -Shokir Talx yumushdan qoʻl uzib, qaddini rostlab, gerdaydi-da, roʻbaroʻsidagi kishilarga «qalay, bopladimmi, kaltafahmlar, soʻz aytmoq mana mundogʻ boʻlur», degandek boqdi. Ular esa ogʻizlarining tanobi qochib, tirjayib turardilar. Chunki ortidagi Gʻazzoliy va Xayyom rostmanasiga kular edilarki, Gʻazzoliy goho «uqdingizmi» deya Xayyomni mutoyibali tergab qoʻyardi. Ana shunda Talx ulugʻ mehmonlarni payqab qolib, shitob oʻrnidan qoʻpdi.

-Assalomu alaykum, muhtaram zotlar! -dedi xiyol esankiragancha bidillab, lekin ilki kir boʻlganligi bois soʻrashmoq uchun uzatmadi.

-Munajjimlarga mana shuncha malomatingiz bor ekan-da, yo Talx! -deya zaharxanda qildi Xayyom.

Talx biroz qizardi, ammo oʻzini yoʻqotmadi. Chiroyli mulozamat ila mehmonlarni doʻkoniga taklif etdi.

Xayyomda andak jizzakilik mavjud edi, lekin hozir bu jizzakiligi Gʻazzoliyga ojizlik boʻlib koʻrinmasligi uchun oʻzining haligi gapidan keyin rostmona samimiy hazilga oʻtdi:

-Agar Paygʻambar alayhissalomning kosiblar haqida aytgan hadisi sharifi boʻlmaganda edi, boyagi gapingiz uchun sizni tutib, ilmi nujumga oʻqitgan boʻlur edik.

Yengil kulku ila doʻkon ichiga kirdilar. Bundan murod -ozgina salqinlamoq edi.

Yuzlariga fotiha tortdilar.

Xona tor, biroq bagʻoyat sarishta -hamma narsa oʻz oʻrnida edi. Unda charm, turfa moy, yelimlarning hidi ufurib turardi. Bu hol azali kamtarin boʻlgan ikki olimga aslo aziyat yetkazmadi.

Talx qoʻllarini yuvib, ayoqda yaxna sharbat keltirdi:

-Qani, marhamat qilsinlar!-dedi u piyolalarga sharbat quyib uzatarkan. -Bizning vayrona ham obod va nurafshon boʻladurgʻon kun bor ekan, Ollohga shukr!

Gʻazzoliy roʻzador edi va shul bois sharbatni rad etdi. Xayyom uning hamisha roʻza tutmogʻini eslab, ham iroda-yu e’tiqodiga lol qoldi, ham xijolat boʻlib sharbat ichmoqdan tiyilmoqqa sa’y etdi, biroq tashnalik qoʻymadi.

-Siz yumushingizni qilavering.-dedi Xayyom tashqariga ishorat etib.-Shukrki, bizning futlarimiz (oyoqlarimiz) but. Biroz salqinlamoq istadik.

-Xoʻp boʻladi, taqsir. Lekin bu harakatlarim boisi boyagi soʻzlarim zahridin qalbingizda bino boʻlgʻuvchi kemtikni toʻldirmoqdir, xolos.

Kulishdilar. Shu bilan oradagi xijolatpazlik barham topdi.

-Aslida kosibning haligi olimona hikoyatida ham ma’ni bor.-deya gap boshladi endi Gʻazzoliy. -Ahli nujumning ba’zilari goho aqllariga bino qoʻyadilar.

Xayyom bu kabi malomatlarni, xalq orasida kezingan shundayin turfa gap-soʻzlarni orqarvarotdan koʻp eshitardi. Shul boisdan hozir darrov qizishib ketmadi:

-Siz Furqonni (Qur’onni) bizdinda xoʻp bilguvchisiz. Demakki, undagi «Burjlar» («Buruj») deya ataluvchi suradan va uning «Burjlar egasi boʻlmish osmonga qasam» degan ilk oyatidan boxabarsiz. Oʻn ikki burjni Olloh taoloning oʻzi yaratgan va aqli raso boʻlgan biron kimsa unga egalik qilolmas. Lekin ana oʻshal ma’volarning buyuk sohibi u yerga bandalarining taqdir kitoblarini, ya’niki yoziqlarini pinhon etgan boʻlsa ne ajab. Ahli nujum esa oʻshal asrorni, bani basharning taqdir kitobini oʻqimoqqa sa’y etadur xolos. Buning nimasi ayb, janob?!

-Axir Qur’on yulduzlarga qarab fol ochmoqni, inson taqdirini bashorat qilmoqni ma’n etadi-ku!

-Qur’on emas, -dedi endi Xayyom oʻz odaticha keskin.-sunnat, toʻgʻrirogʻi, shariat uni ta’qiq etadi. Ehtimol bandalarning chuqur ketib, chalgʻishlaridan saqlanish uchun shunday qilingandir. Bilmadim, bu borada bir nima demoqdin ojizmen.

Gʻazzoliy beixtiyor shoirning ilkidagi sharbatga boqib, biroz oʻychan koʻyda oʻltirdi.

-Unda Qur’oni karimdagi mana bu oyatga ne deysiz? «Biz kecha va kunduzni (oʻzimizning qudrati ilohiyalarimizni koʻrsatib turadigan) ikki belgi-alomat qilib qoʻydik. (Hech narsa) koʻrinmas qorongʻulikni kechaning alomati qildik. Kunduz alomatini esa, parvardigoringizdan fazlu marhamat (ya’ni rizqu roʻz) istashlaringiz uchun hamda yillar sanogʻini va hisob-kitobni bilishlaringiz uchun yorugʻlik qilib qoʻydik...» («Al-Isro» surasi, 12-oyat) Bu ilohiy soʻzlardan bundin oʻzgacha ma’no chiqarmoq mumkinmi?

-Siz oʻz oʻzingizni inkor etayotirsiz. Axir Olloh taboraka taolo bu oyati karimada ham bizlarni bilishga, hisob-kitobga da’vat qilayotir-ku!

Gʻazzoliy jim qoldi. Uning turishidan biron ma’noni uqish mushkul edi.

Bu ikki olimning suhbati edi. Ular ilmu hikmat asosida suhbat qurar ekanlar, bir-birlaridan gʻalatlik qidirmasdilar yoxud bir-birovlarini mot qilmoqqa ham urinmasdilar. Zero yolgʻiz Haqiqatni izlardilar. Oʻz koʻngillaridagi tugʻyonga bilmoq va anglamoq hissi ila taskin topmoq istardilar. Shuning uchun ular suhbat asnosida bir-birlaridan ranjimoqni xayollariga ham keltirmasdilar. Vujudlaridagi ilohiy ishq ularni tobora yaqinlashtirib bbormoqda ediki, buni oʻzlari ham hozircha sezmasdilar. Ta’bir joiz boʻlsa, Abu Homid Gʻazzoliyning vujudida oʻzi tan olmagan Xayyom, Abul Fath Umarning vujudida esa oʻzi kashf etmoqni istamagan Gʻazzoliy yashardi. Ya’ni ular jismlariga bir xil ilohiy ishq otashi tushgan ikki xil odam edilar.

Xayyomning koʻnglida huzurbaxsh bir evrilish kechmoqda ediki, bu unga juda-juda xush yoqardi.

-Mansuri Halloj ilohiy ishqda mast boʻlgani yangligʻ ham suhbatingizdan mastdurmen. Misoli «Anal Haq» lazzatini totadurmen. -dedi u taqi suhbatga choʻgʻ tashlamoq umidida. -Darvoqe, Hallojning maqomida u bir kecha-kunduzda oʻqigan ming rakat namoz, toʻgʻrirogʻi, soʻz (Anal Haq) muhimmi yoxud uning ruhiy holatimi?

Savol nozik edi. Gʻazzoliy nazdida, bu xatokorligʻday tuyuldi.

-Albatta namoz, soʻz muhim. -dedi u qat’iy bir tarzda.

(Muhtaram oʻquvchiga shuni aytib qoʻymoqchimizki, tarixiy kitoblarning guvohlik berishicha, «Hujjatul Islom, buyuk imom, shayx Abu Homid Gʻazzoliy hazratlari yoshlik yillarida Qur’on va sunnatni qattiq tutgan hamda shariat ahkomlariga qattiq berilgan zot boʻlganlar. U kishida hali koʻngil maqomi shakllanmagan, tasavvuf ilmidan boxabar boʻlsalar-da, hali unga ixlos qoʻymagan, ya’ni bentiboh (ogoh boʻlmagan) edilar. U paytlari hazratimiz, hozirgi zamon tili bilan aytganda, Islom nazariyotchisi edilar. Yuqoridagi javobi ul zot umrining yoshlik yillariga toʻgʻri keladi. Umrining ikkinchi yarmi va ayniqsa, oxirida u kishi dunyoviy narsalardan voz kechib, faqat toat-ibodat va ijod ila mashgʻul boʻlganlar hamda ulugʻ maqomlarga erishganlar.

Umar Xayyom esa bu paytda oʻz ruhiy holatini toʻla anglab yetmagan boʻlsa-da, koʻngil maqomi Gʻazzoliy hazratlarinikidan xiyla yuqori edi. Ammo buni ularning oʻzlari sezmasdilar. Sezdirguvchi zotning peshini hali tutmagandilar.)

Xayyom taqi yondi:

-Mansuri Halloj bir kecha-kunduzda ming rakat namoz oʻqiganligini aytdim. Har bir rakat uchun esa alohida gʻusl qilgan ekanlar. Hattoki yupqalashib ketganidan ustidagi hirqasining vazni ham qolmagan ekan. Agar jismga e’tibor etilsa, oʻshal ming rakat namozning oʻzini oʻqish imkonsizdir. Demakki, buning uchun ruhiy tayyorligʻ va maqomi xos darkor. Xulosa shulki, bunda Hallojning ahvoli (maqomi) muhim emasmi?

Gʻazzoliy bosiqlik ila, vale ma’nodor jilmaydi:

-Unda janoblari aytsinlarchi, «Anal Haq» xitobi uning jismidan uchdimi yoxud ruhidanmi (qalbidanmi)?

-Albatta ruhidan-da! -Xayyom suhbatga avjliroq kirishdi. -Halloj tinimsiz ibodat va zikrulloh ila nurga evrilib, ilohiy tajalliyga qorishib ketgan edi. Unda jism qolmagandi. Gʻofilu johillar ersa, yoʻq jismni qatl etdilar. Halloj buni sezmadi ham hatto. Bu bagʻoyat yuksak maqomdur!... -Shoirning nigohida tuyqus oʻychanlik zohir boʻlib, yuzida iztirob balqdi. Yo sohibi Gʻayb, bu kimning, soʻzlari deya xiyol qilardi u, kim aytdi men uchun begona boʻlmish bul yangligʻ fikrlarni? Men-koʻplar va ayniqsa, aqli shariat nazdida, mayparast boʻlmish sarkash shoir, bandaning bandilik maqomini qalban inkor etguvchi osiylik nomiga sazovor nujumparast zot nahotki shu soʻzlarni aytgan boʻlsam?! Qaydin uchdi bu fikr paykonlari?!..

Gʻazzoliy shoirning soʻzlarini tasdiq ham, inkor ham etmadi. Aslida ixtiyorsiz ravishda uning qalbida, vujudida ham oʻzgacha bir gʻalayonlar uygʻona boshlagandi. Shuning uchun va yoxud oʻz kechmishini anglay olmagani boismi, hamrohini bu yerni tark etmoqlikka undadi.

Ular Talx ila quyuq xoʻshlashib, oʻz yoʻllarida davom etdilar. Oradan hech qancha fursat oʻtmay, Gʻazzoliy titroq ovozda savol etdi:

-Isfahon muttakosi (suyanchigʻi, madadkori) Adam Shayx hazratlarining honaqohlari qay tarafda?

Ikkalalarining nigohlari banogoh toʻqnashdilar: vo ajab, ayni damda Xayyomning xayolidan ham Shayx hazratlari oʻtib turgandi.

-Shahar adogʻida.-dedi shoir kun botish tarafga ilki ila ishorat etib.

Shu boʻyi qaytib suhbatlari qovushmadi, ikkalalari ham xayolga chulgʻanib, to namozi asrgacha shaharni kezdilar...

Oʻn birinchi bob

1

Xayyom oromini yoʻqotdi. Avvallari vujudida uygʻongan tushuniksiz kechmishlarni may tafti, musiqiy nolasi va yoki she’r mavji ila bosib, qalbidagi olov-otashga malham topa olardi. Endi esa na may, na kuy va na nazm ahvoliga kor qilmayotir. Ilmdan, yulduzlardan va ularga esh davralardan koʻngli sovudi. Ilgari shundayin ahvolga tushsa, ichidan bir nimarsa sirgʻalib chiqardi-yu beadad may sipqorardi, musiqiy ogʻushida tebranib, faryod ura she’r oʻqirdi. Bu kun oʻshal nimarsa tashqari chiqmas va goʻyo u mahf boʻlib borayotgandek tuyulsa-da, aslida boshqa yorugʻ bir nimarsaga evrilib, uning bagʻridagi oʻt tajalliysiga chulgʻanib, jonu jahonini yanada battarroq kuydirardi.

Uning hatto namozdan, Kalomulloh mutolaasidan ham koʻngli sovigandi. Oʻzidagi bu holatni anglayolmas, unga sari vujudiga tagʻin-da kuydirguvchiroq oʻt ketardi. Tunlarni bedor oʻtkazarkan, qalbida Olloh degan kalom kun sayin koʻkarib, gul ochib borayotganga oʻxshardi va bu soʻz adadsiz raqam kasb etardi. Shunday onlarda u faqat va faqat Gʻazzoliyning suhbatini istar, uning oʻzidan necha yosh kichik ekanligini bilib, buning ma’nosini shuuridan oʻtkazib tursa ham unga tomon talpinaverardi. Shoir doʻstining suhbatini ixtiyor etarkan, gʻoyibona ustozi Uqlidusning uni mudom beorom tutgan beshinchi qoidasini esladi. Ikki yondosh toʻgʻri had hech qachon kesishmaydi, degandi ustoz. U ikki yondosh chiziqni xayolan ufq sari yoʻllarkan, koʻzlari ilgʻagan ma’lum bir nuqtada ular birlashdilar. Demak, ular qachondir kesishadi, birlashadi, faqat bunga bizlarning aqlimiz qosirlik qilmoqda xolos. Istiqbolda ular birlashur, illo u va Gʻazzoliy kabi. Unda din tabiat ilmlarini, tabiat ilmlari dinni isbot etib, bir-birlariga xizmat qilurlar. U kunlar qachon kelarkin?! Shunday paytlarda shoiri zorning yuragi oʻrtanib ketardi.

Qur’on Olloh taboraka taoloning beadad ilmidan bir ulushi xolos. Demak, Haqiqat Qur’onning ijodkorida, sohibida. Bundan ayon boʻladiki, basharning shuuri ilgʻamas koinotda barcha din va millatlardan, hatto eng sharafli Islom millatidan ham ustuvor boʻlgan mutlaq Haqiqat mavjud. Balki ana oʻsha Mutlaqiyat olamni bir butun tutib, mohiyatni barpo etar va odamzotdan tortib barcha jonzotu nabotot, tufrogʻu toshgacha bir lisonda soʻzlatar. Xayyom bu nimarsalarni ayni kunlarda, ya’ni bedor kunu tunlarida kashf etardi. Oʻsha kunlari u oʻzini vahmga va hatto sarosimaga solgan tushining ta’birini yechganday boʻldi: Mastona kampirning Qur’oni karimni oʻtda yoqib oʻltirishi-uning vujudiga bemisl oʻt solgan ulugʻ Ishq tashrifi, ya’niki Mutlaqiyatni anglashimidi-uyogʻi endi Yaratuvchining oʻzigagina ayon.

Gʻazzoliy ila kechgan navbatdagi suhbat, yoyinki bahslarida u mazkur fikrlarni ham toʻlgʻona-toʻlgʻona izhor etgandi:

-Koinotni oʻrganuvchi, tabiat asrorini fosh etishda koʻmak berguvchi olmlar majusiylik avjida nihoyatda rivoj topmish edi. Alar jumla osmonlar ilmini, hayvonotu nabotot asrorini, aljabr, handasa, falsafa, farosat ilmlarini bagʻoyat mukammal egallagandilar. Alkimyoni kashf etib, aning sirridin voqif boʻlib, misni oltinga aylantira olganlar. Jismlarni necha bora kattalashtirib berguvchi zarrabin shishani ham alar kashf etmishlarki, ul ila osmon ahlini mushkulotsiz kuzatmoq mumkin. Yoki sirri mudom barchadin pinhon kibratul ahmarni ayting... Ha, majusiylar barcha ilmlarni tabiat hodisotlariga hamohang tarzda oʻrganmishlar!.. -Xayyom she’r aytayotgan yangligʻ zavqu shavq ila soʻzlardi va bu shavq tinglaguvchiga ham yuqumli edi. -Vanihoyat endi bani bashar manglayiga saodat nurini yogʻdirib, ulugʻ Islom dini yuborildi. Inson endi haligi ilmlarni iymon torozusi ila oʻrganmoqqa kirishdi. Oqibat esa on qadar buyuk. Agar ilohiy ilmlar rivoj topib, tabiat ilmlari bir chetda qolsachi? Unda xurofotu turfa bid’atlar avj olmaydimi? Gʻaznalik Mahmudlar dunyoga kelmaydimi? Ehtimol!.. Uning aksi oʻlaroq ilmi tabiiyun yuksaklab, ilmi ilohiy tubanda qolsa ham shu ahvol-ruhiy-ahloqiy sifatlar tanazzulga yuz tutadi. Demakki, har neda me’yorni, sirli oraliqni unutmaslik lozim!..

Oʻshanda Gʻazzoliy ham bu fikrlarga mayl bildirib, soʻzsiz qolgandi.

Xayyomning oʻshal me’yor yoxud sirli oraliq haqida taqi oʻzga nazari ham mavjud ediki, ani birovlarga oshkor etmoqdan hamisha saqlanardi. Bu sir shoirning she’rlariga koʻchgandi. Ehtimol uning nazmida oʻshal rost sir borligi uchun ham el ani suyar. Mana, oʻshal chin sir: kishi mastlikda rostlikni anglashga sa’y etadi. Mastlik ila rostlik aro shundayin bir muddat, balki soniyadan ham kamroq muddat borki, ana oʻshal vaqtda haqiqat yaqqol yolqinlanadi. Shul yolqinni ilgʻay olmoq muhimdir, sagʻal u yoq-bu yoqqa ogʻmoq xatolikning boshidir. Zero gʻayb olami ham shu yangligʻdir: kishi Olloh ishqida mastu behud boʻlmogʻi va dunyo hamda gʻayb olami orasidagi soniyalik barqni payqay olmogʻi lozim. Oʻshal soniyaning oʻndan bir ulushicha muddatda gʻayb pardasi koʻtarilib, odam butun bir olamni, osmonlarni koʻra olmogʻi imkonlidir.

Odam safiyulloh yaratilgunicha, ya’niki inson bu dunyoga kelgunicha qancha vaqtlar (zamonlar) oʻtgan. Bundan keyin taqi qanchasi oʻtmogʻi aniq. Abadiyat (mangulik) qoshida inson umri, yillar, asrlar bir lahza kabidur. Inson umri-faqatgina bir lahza. Vale inson ana oʻshal bir lahzada mangulikni his etmogʻi, anglamogʻi mumkin. Ya’ni lahza va mangulik bir butun.

Xayyom inson umrini tushga qiyoslaydi. Odam tush koʻradi, unda taqi koʻp nimarsalarni koʻrmogʻi mumkin. Biroq bitta muhim voqeagina yodida qoladi (bu kishining shuuri darajasi va ruhiy hamda jismoniy pokligiga qarab yaqqol yoxud xira tarzda roʻy beradi) va oʻshal voqea ertangi kuni uchun bashorat boʻlishi ham mumkin. Oʻshani eslab qolsa bas, soʻng ertangi kunning mazmun-mohiyatini anglaydi. Inson umri ham shu-unda muhim bir lahza mavjudki, oʻshani ilgʻay olgan zot Haqiqatni anglaydi. Nadomatkim, bu hammaga ham nasib etavermaydi, aks holda...

Odamizot yashar ekan, shaharlar qurib, suvlar chiqarib, kitobot bitib, bir soʻz ila aytganda, tamaddunga erishar ekan, u ibtidodan, ya’ni oʻz aslidan yiroqlashib boraveradi. Asil suratu siyratidan mosuvo boʻladi. Uning fojeasi ham shunda. Ne etmasin, yangi-yangi urflar, qoida va ta’qiqlar paydo boʻlaveradi-da, aslidan judolikka mahkum.

Haq din keldi. Hotamul anbiyo yuborildi. Saodat zamoni olamga yorugʻlik sochdi. Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallam har sohada ummatlariga ibrat boʻldilar. Ne yaxshi nimarsaga erishmasin boshqalarga ilindi. Har qanday hukmni adolat ila chiqardi. Shul bois ham kishilar ul zoti muborakka ergashdilar va tinchu osuda, xotirjam yashadilar. Ollohning suyukli Paygʻambaridan soʻng esa... Oy sayin, yil sayin turfa odatlar, ayrilishlar paydo boʻlib boraverdi. Sunnat va shariat ahkomlariga zamon ulamolarining ta’ma-yu manfaatlari aralashdi. Shariatda paydo boʻlgan har bir yangi qoida, fatvo kimlarningdir nafsi uchun xizmat qila boshladi. Oqibatni esa koʻrib turibmiz.

Xayyom oʻshanda Gʻazzoliyga bir hikoyat aytib bergandi:

-Bir kambagʻal odam tirikchilik tashvishlaridan nihoyatda xoribdi. Aqli parishon boʻlib, ixtiyorsiz koʻyda zamona shayxiga roʻbaroʻ boʻlibdi. Bir taskin ilinjida ul zotga yorilibdi. Roʻzgʻori yupunligidan, kun koʻrish ogʻirligi-yu zamona adolatsizligidan nolib, koʻz yosh toʻkibdi.

Shayxning unga rahmi kelib, shunday debdi:

-Sabr qilmoq darkor, birodar, illo chin baxt, chin boylik qiyomatda sabrlilarga ato etilur. Axir Hazrati Paygʻambarimiz sallollohu alayhi vasallam ne-ne ofatlarga, xoʻrliklarga sabr etmadilarmi. U kishining xonadonida hatto yemoqqa non qolmagan kunlari boʻlgan. Bu bizlarga saboq boʻlmogʻi lozim...

Shunda kambagʻal shoʻrlikning alamli ovozi eshitilibdi:

-Unda barcha -Paygʻambar ham, kambagʻal hammol ham barobar edi-da, taqsir!

Bu gap chin haqiqat edi, zero fayzu barokat va ahillikning asli tenglikdadur.

-Siz Nabiy alayhissalomning hayotlarini oʻzgalarga ibrat qilursiz -bu bagʻoyat soz. -degandi bir safar Abu Homid. -Vale oʻzingiz she’rlaringizda Ollohga, uning taqdiriga isyon qilmaysizmi? Biz qay bir Xayyomga inonaylik?!

Xayyom oʻychan jilmaygandi oʻshanda:

-Gʻazzoliy janoblari bilsinlarki, mening isyonim, ya’ni osiyligim Olloh-sohibi koinotga emas, shu hayot va uni shu tarzda bino etayotgan odamlargadur. Alar Tangri taolo yaratgan barcha nimarsalarni oʻzlaricha qayta «ijod» etadilar-da, yaratuvchilik da’vo qiladilar. Yangi-yangi tartiblar, ta’qiqlar joriy etadilar. Niqoblari dinu iymon boʻlgani bilan aslida unday emas. Din tashvishi alardan anchayin naridadur. Demak, alar oʻzlarini bu dunyoning sohibi deb biladilar. She’rlarimdagi isyon ana oʻshalargadur.

Gʻazzoliy kinoyali tabassum qildi.

-Chiroyli soʻzlaydursiz.-dedi, soʻng tagdor soʻz aytdi. -Har tugul shoirlik etdingiz.

Xayyom mulzam boʻldi. Hamsuhbatining gapidan soʻng chindan ham soxta soʻzlaganini, oʻzini oqlashga uringanini fahmladi. Ammo endi kech boʻlgandi, aybini yopmoqqa urinishi uni ikki hissa oshirmoq ila barobar edi. Shuning uchun indamay qoʻya qoldi.

Gʻazzoliy buni sezib, oʻzicha uni toʻgʻri yoʻlga chorlamoqchi boʻldi:

-She’rlaringizdagi soʻrogʻu xitoblardan ularni qay holatda qanday yozganligingizni payqash mumkin. -U shoirning oʻz she’rlarini mastlikda bitganligiga ishorat qilmoqda edi. -«Shoirlarga yoʻldan ozganlar ergashur. Ularning (soʻz vodiylaridan) har vodiyda daydishlarini (ya’ni oʻzlariga yoqib qolgan eng tuban kimsa yo narsalarni ham koʻkka koʻtarib, yoqtirmaganlarini tuproqqa qorishlarini) va oʻzlari qilmaydigan narsalarni aytishlarini koʻrmadingizmi?!» («Shuaro» surasi, 224-225-226- oyatlar)

Xayyom xush qiroat ila aytilgan ilohiy soʻzdan yanada mutaassir boʻldi va bir lahzagina oʻziga xiyonat qilishi, oʻz fe’liga zid ish tutishi qanchalik oqibatlarga Solmogʻini tushunganidan battar xijolatga tushdi. Illo Gʻazzoliy nishonni toʻgʻri olgandi. Chin soʻz qarshisida har ne kuch hechdir.

-Ha, men oʻz she’rlarimni boshqa bir ta’rifga sigʻmas holatlarda yozamen. -dedi nihoyat tilga kirgan Xayyom. -Keyin alar oʻzimga ham gʻalat tuyuladur. Illo bandamen, bu olamda ne-ne gunohlar qilmadim. Balki she’rlarim ham oʻshal gunohlarimning biridir. -Shoir bu soʻzlarini chinakam istigʻfor ohangida aytdi.

-Sizni kun kelib kimlardir mayparast bir shoir, birovlar benazir tabiiyunchi olim, boshqalar esa Ummul Kitob bilimdoni hofizi Qur’on, deya suysalar ajabmas. Ehtimolki bunda ham Ollohning bir hikmati bordur.

Xayyomning avvalgi shashtidan asar ham qolmagandi, suhbatdoshining soʻzlarini sukutda bosh eggancha tinglardi.

-Zero uch olam mavjud, -deya soʻzida davom etdi Gʻazzoliy. -Birinchi, tuban (quyi) hisli jism olami. Ikkinchisi, oʻrtaliq ruhiy, har nimarsa ma’no kasb etguvchi olam. Vanihoyat uchinchisi, yuqori olam-Ilohning makoni.

Quyi olam hamisha oʻzgarib turadi. Iloh olami esa Buyuk Iroda tufayli oʻzgarmas va mangudir. Toza ruhli kishilar Iloh olamiga mansubdirlar. Chunki ular Ilohdan yaralganlar va unga qaytadilar. Valekin quyi olamga mansub qalblar ham yuqori olam ila robitaga (aloqaga) kirishmoqlari imkonli, faqat tushda, ruhiy muroqabada.

Xayyom avvallari boʻlganida bundayin gaplarga quloq solib oʻltirmasdi, shartta uzardi-qoʻyardi. Biroq ayni damda roʻbaroʻsidagi yosh shariatpeshaning soʻzlarini ixtiyorsiz ravishda jon qulogʻi ila tinglar va barini qalbiga jo etardi.

-Unda men qay olamdanmen? -deya soʻradi u past ovozda.

Gʻazzoliy anchagina sukutga toldi va axiyri:

-Fursati ila ayon boʻlgʻay, inshoolloh!-dedi mavhum bir ohangda.

Kuzning oʻrtalarida Gʻazzoliy shayxulislomning chorlovi ila taqi Bogʻdodga otlandi. Safar tadorigini koʻrayotgan kunlarining birida shahar chetiga chiqib qaytdi. Ammo Adam Shayx ila koʻrishdimi yoki yoʻqmi, Xayyomga ham noayonligicha qoldi.

Bu ayriliq ikkisi uchun ham ogʻir edi. Ular bir-birlaridan nelardir olganliklarini, ruhiyatlarida, koʻngillarida ham ajab evrilishlar roʻy berganligini sezib tursalar-da, tan olmasdilar yoxud tan olmoqni istamasdilar. Nega bunday-bu endi Yaratuvchining siri edi. Oʻtgan kunlar, oylar ikki sohibi ilm va sohibi dilni goʻzal ma’volarga hamda ana oʻshal ma’volardagi betakror ruh chamanlariga, osmoniy tajalliylarga oshno etdi. Oʻsha kunlari Gʻazzoliy suhbat asnosida shunday degandi:

-Hali bizlar haqimizda turfa uydirmalar, malomatlar toʻqiydilar. Hatto ikkimizni bir-birimizga aksil qoʻyib, oʻz nafslari uchun xizmat qildirmoqqa urinadilar. Dunyodagi barcha dinlar tanho Yaratuvchiga har tarafdan eltgani kabi bizlar ham bir manzilni koʻzlagan ikki xil yoʻldagi yoʻlchilar ekanligimizni koʻplar anglamay oʻtadilar. Lekin shunisiga ham shukur. Zero Tangridan kelganmiz, Tangriga qayturmiz!.. Aslida bu ham hali xolva. Chunki kun kelib, dunyoga sohiblik istagida boʻlgan Iblisning malaylari hali Islom ila odamlarni qoʻrqitmoqqa tushadilar. Bundayin sinovlar ham bor hali!..

Ayriliq oni uzoq xayrlashdilar. Hali taqi koʻp bor diydor koʻrishmoqlarini sezib tursalar-da, koʻz yoshlarini tiyolmadilar.

-Sizning yoʻlingiz olis, yo shoiri zamon!-dedi Gʻazzoliy uni quchoqlarkan. -Siz barcha olamlarga mansubsiz!..

U Isfahonga Ibn Sinoning izlarini izlab kelgan edi, angladiki, Xayyom ikkisini topdi...

-Xush endi, doʻstim Umar Xayyom!

-Xush!.. Xush, aziz birodarim!..

2

Xayyomning dil va ruhiy gʻalayonlari battar avj oldi. Endi angladiki, oʻshal Qur’oni karimni yondirmoqqa qodir ishq butkul halovatini olgandi. Na ilmda, na ibodatda, na she’rda va na mayda dardiga malham topolmasdi. Tez-tez koʻz ungida Mastona kampir namoyon boʻlar va oʻz bagʻriga chorlayverardi. Oʻkrab yigʻlamoq istardi, yigʻlolmasdi, nujum holidan fol ochmoq boʻlardi, yulduzlar ham yolgʻonchidek tuyulib ketardi, ilm istardi, lekin oʻrganayotgan, yaratayotgan ilmlari hechdek koʻrinardi, nazm olami esa undan yuz oʻgirgandek edi. Avvaliga u bu koʻyini Gʻazzoliydan ayro tushganligidan deb oʻyladi, axir yaxshi yoʻldosh, har bir soʻzingni osonlikcha anglaguvchi doʻstdan, suhbatdoshdan ayrilish osonmi?! Odam taftini odam oladi, deydilar. Endi mislsiz olovdan bino boʻlayotgan taftini olguvchi oʻshal hamdami yoʻq edi.

Ahli rasadxona ham hayratda-hammalari ixlos qoʻygan, haybatidan togʻlar muk tushgan, gʻayratidan har ne yumushning boʻyni singan teran aql va unga itoatli dil sohibi boʻlmish shoir Umar Xayyom aftoda bir ahvolga tushmish edi. Bu ne hol, deya bir chetlarda gʻoʻldirardi erka shogirdi Isfazariy, ul shariatpesha ustozni qandayin joduga soldi?! Mikoil xojasiga goh-goh tikilib qoʻyardi-da, ul zot olim odam boʻlsa, men bir omiy sangtaroshu tomoshaboz, uning aholini nedin bilurmen, deya Polvon ila andarmon boʻlardi. Faqat keksa Rindgina uni tushunardi chogʻi. Chunki hamisha Xayyomga halal bermaslikka urinar va turfa savolu nigohlari ila ta’qib ham etmasdi. Ammo xojasining kun sayin undan uzoqlashayotganligini sezib turardi.

Oʻshal kunlarning birida shoirni vaziri a’zam oʻz huzuriga chorlab qoldi. U Xayyomdagi oʻzgarishni birovdan eshitganmidi yoxud ayni damda payqadimi, noma’lum edi.

-Senga ne boʻldi, ey, nishopurlik sarkash shoir?-deya soʻradi u oʻzining mardona ovozi ila uni qaddini koʻtarmoqlikka undab. -Betobmisen va yoxud toliqdingmi?

-Bilmadim, hazrati oliylari. Rostdan ham toliqdim shekilli. -Xayyom bu soʻzlarni mavhum ohangda aytdi.

-Unda hordiq ol. May ila yorni tut. Bundayin ahvol senga yarashmaydkr, oʻgʻlim. -Vaziri a’zam uni ilk bora shunday atashi edi.

Bu mehr tuygʻusi ila aytilgan soʻz shoirga ham ta’sir etmay qolmadi-dod solib oʻkrab yuborishiga oz qoldi. Biroq uni mudom tark etmagan gʻurur boʻgʻziga urilgan faryodni toʻsdi.

Shundan soʻng gap qovushmadi. Koʻp oʻtmay Xayyom vaziri a’zam dargohini tark etdi. Qaytayotib boʻsagʻada Qazviniyga yoʻliqdi.

Amirul shuaro endi oʻzini ancha oʻnglab olgan, jismida zuhur etguvchi notavonlik, ruhidagi gumon va qoʻrquv ham hozir sezilmasdi. U boʻlib oʻtgan qaro kunlardan soʻng Sulton qahridan qoʻrqib, oʻzini chetga olib yurdi. Saltanat «ob-havosi» bir maromga tushib, sultonu boshqa arkoni davlatlar ham oʻzga yumushlar ila andarmon boʻla boshlagach, taqi uning vujudidagi qora qurtlar gʻimirlay boshladi. Ne etib boʻlsa-da, Xayyomni olampanohga yomon koʻrsatish uchun reja tuzmoqqa tushdi. Biroq endi sulton Malikshoh uning soʻzini unchalik ham soʻz deyavermas, vaziri a’zam va ayniqsa, Umar Xayyom haqida yomon gap olib kelishlarini xushlamay qolgandi. Qazviniy buni bilardi va shul bois Xayyomni yomonotliq qilmoq uchun ayni kunda uning she’rlaridan oʻzga mahkamroq tutgulik dastak yoʻq, deya hisoblardi. Filhaqiqat, soʻnggi haftalarda Xayyomning gʻalat va hattoki osiyona talqinda bitilgan she’rlari koʻpaymoqda edi. Amirul shuaro ana oʻshanday she’rlarni ulkan umidvorlik ila toʻplamoqqa jahd etgandi. Shul yonishlari asnosida eshitdiki, nujumparast Xayyomning koʻyi ham oʻzgarib, ahvoli savdoyinamo boʻlib qolgan emish. Shoirlar amiri bagʻoyat shodlandi va ulkan umidvorligi tagʻin ulkanlashdi. Ajab boʻlgʻay, dedi u koʻzlari chaqnab, sultonzoda Muhammad Takashning uvoli tutibdi-da bul nobakorni! Hali bu ham kam, hademay chindan-da aqlidan mosuvo boʻlsa ajabmas. Shunday qilib, Xayyomga astoydil kafan bicha boshladi. Xayyom ila hozirgi yoʻliquvi ham uning oʻshal quvonchli kunlariga toʻgʻri kelgandi.

-Assalomu alaykum, yo yulduzlar shohi!-dedi u Xayyomning koʻzlariga sinovchan va ham kinoyali tikilib.

Koʻngli uygʻoq Xayyom uning boqishidagi ma’noni darrov payqadi. Savdoyi deb gumon qiladur bu dili siyoh, deya oʻyladi, qarashlari muzaffarlik tantanasidek koʻrinadur. O, inson bolasi, oʻzingning holingdan oshib, birovlarning koʻnglini taftish etmoqdan qachon tiyilasan-a!..

-Shaharda kamnamosiz? -deya davom etdi taqi Qazviniy undan koʻzlarini uzmay. -Yoki biz doʻstlaringizdan etak qoqdingizmi, janob?

Bu gapga munosib javob qilmasa boʻlmasdi.

-Aslo, ey, amirul shuaro! Faqat doʻstlarimning yaxshilik nuri yogʻilgan goʻzal angorlariga boqmoqqa men faqirning toqatim yetmas. -dedi Xayyom soʻzlariga koniyali jilo berib va yoʻliga ketaverdi. Shaytoni la’in esa koʻngliga gʻulu solib, bul pachoq basharaning yoqasidan olib, kekirdagini sugʻurmoqqa undardi.

Bundayin muomalani kutmagan Qazviniyning koʻzlari olayib, tusi boʻz yangligʻ oʻngib ketdi...

Faqat Maryamgina... Xayyomning oʻziga nisbatan allaqachon sovib ulgurganligini, aniqrogʻi, befarq boʻlib qolganligini sezsa-da, Maryam mudom unga talpinib turardi. Ayniqsa, shoirning hozirgi ahvoli qizni ortiq bezovtalantirar, ichki bir sezim ila uning tugʻyoni boisini anglayotgandek koʻrinardi. Xayyom unga hamon ishonar, oʻzgalardan pinhon tutgan kechmishini ham undan yashirmasdi. Biroq endi u Maryam sari talpinmasdi, vasliga oshiqmasdi.

-Ustoz, zora yorilsangiz!-dedi bir kuni Maryam zorlanib, -Gʻayurlar bu holingizdan ogoh boʻlsalar, xavf nainki sizga, balki butun rasadxonaga soya solur.

Xayyom indamadi, qizga mahzun tikildi...

Soʻnggi kunlarda Xayyomning nazdida, olamdagi jamiki hilqatlar ma’nosizlik kasb eta boshladi. Mavjud nimarsalardagi foniylik uning koʻngil oynasida tiniq-ravshan aks etmoqqa tushdi. Oʻzining barcha urinishlari, da’volari zoyedek tuyuldi. Olgan ilmlari foniy, she’r foniy, hatto manov ulugʻvor qoyalar foniy, tiriklik foniy- hamma-hammasi foniy ekanligini angladi. Angladi-yu xoʻrligi keldi. Nahotki yeb-ichmoq uchungina yaralgan boʻlsam, deya na’ra tortdi qaqragan bagʻri oʻt ichra. Unda ne boqiy? Bu olamdagi ne bir sa’y zoye emas?! Tanho Yaratguvchi, sohibi koinot, ya’niki eng oliy shuur haq. Vale masjidda sajdaga bosh urgan odamning oʻz insoniy muddaosi bor boʻlganidek, kalisoda sigʻingan kimsa ham riyodan holi emas. Majusiy olovni, budparast sangni Xudo, deya oʻz dardlarini aytib soladilar. Barchalari oddiygina mahluq (yaratilgan), banda, qul ekanliklarini bilganlari holda ojizona istak-iltijolarini tinglaguvchi, ijobat etguvchi yolgʻiz Zotni ham ich-ichlaridan sezib turadilar. Biroq soʻqir qalblari, noqis aqllari iskanjasida Yaratuvchini turfa suratlarda, oʻzlari kabi ojizona qurblarda tasavvur etadilar. Alarning aqllari bundan ortigʻiga dosh berolmas, farosatlari esa oʻshal aqllariga bandidir. Illo bu olamda har neki bor qullikkka, mahkumlikka eltur. Shoir esa bunga toqat qilolmas. Inson boʻyniga ilingan qullik zanjirlarini chil-chil qilmoqni istar.

Ka’bayu butxona qullik xonasi,
Butxona zangi ham shum taronasi.
Mehrobu kaliso, tasbehu salib-
Barchasi qullikning bir nishonasi.

Bu satrlar ketidan ushbusi keldi:

Bizga falak ishi-faqat tashvish-gʻam,
Birini tiklasa, boshqasi barham.
Hali kelmaganlar bundan bexabar,
Xabar topa qolsa kelmas edi ham.

Shoir chinakam tugʻyonga kelgandi. U foniy umrga, hammasi avvaldan bitib qoʻyilganligiga, bu bitik-haddan ozgina boʻlsin chetlash mumkin emasligiga isyon qilardi. Uning qalbida yaratish ishqi joʻsh urardi. Bu ishq uning ixtiyoridan ayro ravishda in’om etilgan taqdirni inkor qilardi. Bu osiylik edi, hatto Ollohga shirk keltirmoq ila barobar edi. Ammo buni uning oʻzi tuzukroq anglab yetmasdi, olov, jazaba ogʻushida edi. U oʻzining xato ketayotganligini goho elas-elas ilgʻab qolar, biroq fikr etmogʻiga vujudidagi otash monelik qilardi. Taqi oʻshal ixtiyorsiz tarzda nenidir, bir buyuk evrilishni kutardi. Tushlarida, oʻylarida Mastona kampir uni tark eta boshladi. Soʻzsiz, itoatkorlik ila tark etardi u. Endi oromini, xayolini oʻn besh yoshlar chamasidagi goʻzal va nurposh chehrali bir qiz oʻgʻirlamoqqa tushdi. U mislsiz sohibi chiroy edi, har safar koʻzlariga koʻringanida yuragi xil-xil oqib ketardi. Bul beorom ruhiy huzurni qachondir oʻqigan ikki rakat namozi asnosida bir bora totgan edi. Endi uning diydori tufayli takror va takror huzur ogʻushida...

Oʻsha kuni shom mahali rasadxona ortida, togʻning poyidagi ogʻochzor ichra bir qush uzoq va asrorli sayradi. Ne qush edi, behud boʻlgan Xayyom anglolmadi. Gʻayb ishorati edi goʻyo bu. Chunki qushning sasi allaqachon tingan boʻlsa-da, uning quloqlarida aks sado berib turaverdi. Bu hol to yarim kechagacha davom etdi. Tun oʻzining hikmatli qismiga ogʻganda oromsiz shoir beixtiyor oʻrnidan turdi. Jahd ila rasadxonani tark etib, shahar tomon yoʻl oldi. Borarkan, umrning bebaqoligi va Tangrining vasli haqida oʻyladi. Ha, filhaqiqat, yoʻllar beadadu manzil bir. Shunday ekan, bir-birovni inkor etmoqqa ne hojat? Bu bashariy xudbinlikdan, nafs qutqusidan oʻzga nimarsa emas-ku! Manzilga piyoda, xachir yoxud otda bording nima? Muhimi manzilga yetmoq, faqat otdagi yoʻlchi xachirdagi va piyoda kishiga nisbatan avvalroq yetib borishi mumkin xolos. Bu xuddiki ketma-ket kelguvchi sonlarning bir-biriga nisbatlariga uyqashdir-ayirsalar ozayadi, qoʻshsalar koʻpayadi. Darvoqe, vaqt ham bor. Undan gʻofil boʻlmoq-ziyoda nimarsalarni boy bermoq ila barobardur. Ketma-ket oʻtayotgan bir xil kunlar umrning zoye ketayotganligidur. Hazrati Risolat sallallohu alayhi vasallam aytmishlar: «Kimning ikki kuni bir xil boʻlsa, bas, u aldangan, kimniki bugunidan ertasi yomon boʻlsa, bas, u mal’undir, kimki ziyodalikda boʻlmasa bas, u nuqsonda, kimki nuqsonda boʻlsa, bas, unga oʻlim yaxshidir.» Bu hadisning uning shuuriga urilishi karomat edi, zero u ayni damda Islomdan falsafa soʻqishga ojizlik qilardi. Hatto ogʻoch Tangriga hamd aytishda, zikrullohda odamdan ziyoda ekan, na odam, na nabotot, na hayvonot boʻlishlikda farq yoʻq. Ziyodalik iymonda, fidolik va baxshidalikda. Oʻshanda majusiy zohid-muboddan diningning asosi ne, deb soʻraganida, u shunday javob bergandi:

-Ezgu oʻy, ezgu soʻz, ezgu amal.

Yo, Olloh! Axir Islomning Fikr, Zikr, Shukr hikmatiga asoslangan da’vatiga bagʻoyat uyqash emasmi bu?!

Xayyomning boshi aylandi. Oʻylarining avvalu oxirini yoʻqotib qoʻydi. Shaharning narigi chekkasi sari borarkan, vujudidagi toʻfon tobora avjlanmoqda edi. Bu boʻron halovat ilinjida beixtiyor shahar chetidagi xonaqohni-Adam Shayxning sirli dargohini koʻzlab borardi...

Xonaqoh ostonasiga qadam qoʻydi. Ichkarilarkan, har qadam bosganida vujudidagi gʻalayon tobora tinayotgandek tuyuldi. Xonaqoh hovlisi oʻrtasidagi hovuzga yetganda roʻbaroʻdagi xona eshigidan bir odam chiqib, toʻgʻri u tomonga yurdi. Bu odam baland boʻyli boʻlib, quyuq uzun soqoli oppoq edi. Egnida rangpar xirqa, boshida kuloh, misoli uchayotgan kabi qadam qoʻyar, atrofida bir quchoq nur ergashib yurganga oʻxshardi. Ehtimol unga shunday tuyuldimi... Xayyom salom berdi yoki salom bermoqchi boʻldi, biroq buni oʻzi anglolmadi.

-Vanihoyat keldingizmi, yo olimlar amiri?!-dedi notanish kishi unga yovuq kelib.

Shoirning xayoliga urilgan birinchi savol shu boʻldi: nega endi «sen»lamadi? Shundan soʻng jismu joni erib, holsizlanib borayotganligini sezdi. Diydalari yumshab, kipriklarining asti achishdi. Xoʻrligi kelib, dod solmoqni istadi. Ana oʻshanda haligi odam, ya’ni endi u shuurining allaqayerida tanib ulgurgani Adam Shayx xirqasini ikki yonga qayirdi. Shoir itoatkorona bosh egib, yuzini Shayxning koʻksiga bosdi, bosgani hamono shayx uning boshini xirqasi ila oʻradi. U xuddi suv ostiga shoʻngʻigandek boʻlib, misilsiz bir sukunat va huzurbaxsh halovat ogʻushiga tushdi. Shuuri tiniqlashdi, quloqlari hali biron marta bundayin sukunat ovozini eshitmagandi. Yuragi judayam osuda ura boshladi. Nigohi koʻzni malollantirmaguvchi yoqimli yorugʻlikka toʻldi. Ana, oppoq surush (farishtalar) ulkan kapalaklar misoli uchib yuribdilar. Anovi yonma-yon oʻltirgan kishilar kim boʻldiykin? Yo Olloh! Bu axir sayyidul anbiyo Hazrati Risolat sallollohu alayhi vasallam-ku! Uning koʻzlaridan duvillab yosh otildi. Yigʻlagani sari vujudidan nimarsadir sugʻurilib chiqar va yengillashardi. Ul zoti muborakning yonlarida zavjalari Oysha onamiz oʻltirardilar. Yo Rasulilloh, deya hayqirdi unig qalbi. Paygʻambar alayhissalom ohista u tomonga qayrildilar va bilinar-bilinmas jilmaydilar...

Shayx uni koʻksidan ayirdi. Yoʻq, shoir xushidan ogʻmadi, uning borligʻi mudom osudalikda edi. Sohibi xonaqoh uni ichkariga boshladi. Xonaqohning barcha hujralarida shagʻam va moychiroqlar yoniq edi. Ulardagi muridlar zikri hufiya yoxud namoz ila mashgʻul edilar. Oʻtib borisharkan, bir hujra eshigi oldida oʻqchiyotgan yigitga roʻbaroʻ keldilar. Xayyom uni betobmi, deb oʻyladi. Shayx uning fikrini uqqanday dedi:

-Mana bir oydirki bu farzandimiz tanavvul qilmaydi. Neki yesa, qaytib chiqmoqda. Ammo sixati yaxshi, oʻzi bardam. Hali bir burda non yeb, bir piyola suv ichgandi. Mana, oqibati.

Xayyom yoqa tutdi.

-Olloh subhonahu taboraka taoloning siri boʻlmish ruh nelarga qodir ekanligidan gʻofilsiz, ey, valad (farzand)!-degan Adam Shayx uni taqi oldinga boshladi.

Kengroq bir xonaga kirdilar. Shayx uni oʻltirishga undadi. U oʻltirib, ixtiyorsiz tarzda koʻzlarini yumdi. Endi faqat piri komil soʻzladi:

-Avvalgi sarxushlik-tan sarxushligi vujud olovidir. Bunda har daf’a shayton alayhila’na xuruj etib, ixtiyorni zabt etmogʻi mumkin. Siz buni bilursiz. Soʻngra bir sukunat, sokinlik keladur. Bunda shuur, qalb tinadur, tiniqlashadur. Buni payqagan banda koʻp goʻzal ma’volarni koʻrib, sohibi hol boʻladi. Vale bu koʻyda ham xavf va ofat bor. Siz oʻshandasiz. Intihoda sarxushlik boʻlur-bu endi Ilox, mujdasi. Unda xavfu ofat yoʻq, faqat visol, ruhiy nasiba bor.

Taqi aytdi:

-Arab dunyosida zohidona fidolik suluki koʻp rivoj topdi. Bu foniy dunyodan butunlay etak qoqqan ne-ne ulugʻlar oʻtdilar ayni yoʻlda va buyuk-buyuk nasibalar topdilar. Endi esa turkiy olamdan, Turkistondan bir shiddat keladur. Bu shiddat jazabasidan dunyo titragay hali va olamni fayzga toʻldirgay. Nihoyat Ilohdan mujdalar yeturki, hademay forsiy olamda bir sinoatli sukunat boʻy koʻrsatgay. Ruhlar, koʻngillar tingay, hufiya ibodatlar, iltijolar koʻpayur. Oz fursat qoldi, hademay Islom dunyosiga osudalik choʻmar.

Dedi:

-Siz na undan, na bundan, na bizdansiz. Sizning sulukingiz, maqomingiz, nasibangiz oʻzga-bu bizga ayon. Faqat ortiq sharh etolmasmiz, ijozat yoʻq. Siz yetguvchi ma’volar yuksak!..

Tagʻin dedi:

-Malaxda (chigirtkada) besh nimarsaga qobillik bor: u yuradi, biroq jadal emas, uchadi, lekin yuksak emas, suzadi-yu tez emas, sakraydi, vale yiroqqa emas, kovlaydi-yu chuqur emas. Demak, unda qurb bor, biroq ilohiy jazaba, iste’dod yoʻq. Sizda ham har nega qobillik bor, faqat ularni tarbiyat etmoq lozim. Shunda koʻp ulugʻ nasibalar olursiz.

Soʻng aytdi:

-Inson hur boʻlmogʻi lozim. Bir nimarsaga jahd etdimi, boshqa umidlardan dilni forigʻ qilmogʻi kerak. Butun vujudini, ruhu shuurini baxsh etsa, oʻshal yumushning olamda tanho sohibi boʻlgʻay. Bizning talabimiz ham shul. Siz avvalo nimaga jahd etganingizni toʻla anglab oling, boʻtam!..

Birdan roʻbaroʻsida janda kiygan Mastona kampir paydo boʻldi. U avvaliga bir pas mahzun boqib turdi-da, soʻng vahimali qah-qah urib, uzoqlasha-uzoqlasha gʻoyib boʻldi. Endi esa sogʻida yuzigacha roʻymol yopgan tegrasida nur oʻynagan farishtamonand goʻzal qiz koʻrindi. Uning ilkida kosa bor edi. Kosada lim toʻla sut. U kosani ilkiga olib, dil-dilidan «Bismillahir rohmanir rohiym», dedi-da, yutoqqanday boʻlib sutning yarmini sipqordi. Kosadan lab uzdi-yu bir vahimali tovushdan choʻchib uygʻonib ketdi. U oʻz oshyonasida yotardi. Tovush esa Polvonniki edi, u gʻayritabiiy bezovtalik ila oʻkirardi. Xayyomning bagʻri sirqirab, beixtiyor koʻzlariga yosh toʻldi. U farishta tutgan gʻoyibona sutning yarmini icholmaganiga oʻkinardi. Chunki shoir tushda sut ichmoq Ollohning ilmiga sohib boʻlmoqlik ekanligini yaxshi bilardi. Yo Olloh!.. Bu tush nedin darak, deya oʻyladi u mudom sarxush, tushmidi oʻzi bu? Unda xonaqoh, Adam Shay,x muridlar, sirli sukunat- hammasi tushmidi? Nahotki tush boʻlsa?! Oʻyining oxiriga yetolmadi. Koʻksidan otilgan xohish-ilhom ila tahorat olmoqqa shoshildi.. Soʻng tovba niyati ila ikki rakat abvobin (tavba qiluvchilar) namozini oʻqib, iztirob ichra istigʻfor aytdi. U dunyodan butkul forigʻ boʻlmoqlikni istadi...

Xayyom qirq yoshga kirdi...

II- qism
 



  1. Mushk ohuning uzoq yugurishi natijasida uning qoratalogʻida hosil boʻladigan qora xushboʻy narsa. Saydgarlar saroy uchun ohularning tanidagi mushklarni ham yiqqanlar.
  2. «Omar Xayyam», JZL, Moskva, «Molodaya gvardiya» nashriyoti, 94-bet. Muallif tarjimasi.