OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiUmar Xayyom - Oralik (roman, III- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Tarixiy belletristika
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm258KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/12/7
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Umar Xayyom - Oralik (roman, III- qism)
Nabi Jaloliddin

Uchinchi Qism

Birinchi bob

1

Mahmud saharmardonda gʻala-gʻovur va tuyayu otlarni pishqirishidan uygʻonib ketdi. Chogʻi, karvonsaroyga yangi qoʻnoqlar kelgan edi. U qaytib uxlolmadi. Anchagacha tashqaridan kelayotgan baqir-chaqiru toʻpolonlarga beixtiyor quloq tutib, shiftga termulgancha yotdi. Yotarkan, koʻz qorachigʻlari kengaydi va karvonsaroy hujrasining toʻrtburchak bolorlari oʻrnida asta-sekin sabzarang ogʻochzor hamda uning ustida niliy (och koʻk) osmon paydo boʻldi. Ularning, ya’ni Rayhona ikkisining koʻzlari ana oʻsha goʻzal ma’voga tikilgandi. Ikkisi rasadxona ortidagi togʻning ogʻochzori adogʻida oʻltirardilar.

-Nechuk kecha tunda chiqmading? Oy seni soʻroqladi, Rayhon! -Mahmud qizning nigohini tutishga urinib, koʻzlarini uning yuzi uzra yugurtirdi. Eti qizib, boʻgʻzida olov yondi. Ammo bu huzurbaxsh olov edi.

Qizga yigitning soʻzlari xush yoqdi. Oy meni soʻroqlagan emish, dedi ichida, yuziga tabassum yoyilib. Oʻzi ilmsiz, xat-savobsiz esa-da, qalbi ziyoligʻ koʻrinadur. Tuzuk, shundayin chiroyli gaplarni topadur. Voh, qizgina-ya, bilmasmisanki, muhabbat tillarni biyron etadur.

-Otamdan istihola etdim.-dedi Rayhona soʻz ohangi ila yigit koʻnglini siylashga urinib,- Qiz nimarsa tunda daydib yursa boʻlmas. Ma’quli, mana shundoq peshin hordigʻi mahali yoʻliquvimizdir. Tevarakda kimsa yoʻq.

-Mening sening vaslingni soʻrmoqqa zorim bor xolos, Rayhon. -Mahmud yelkasi ila qizginaning yelkasiga beozor turtdi-da, soʻzini mutoyibaga qorishtirdi. -Tagʻinki sen sohibi matbahning, ya’niki borki yemaklarning jojasi-bosh tabbohning tanho qizi boʻlsang. Men esa bor-yoʻgʻi noʻnoq bir sangtaroshmen.

Qiz zoʻraki araz qildi.

-Taqi kuladursizmi? Mazxara ham evi bilan-da, ogʻa! Siz ham kam emassiz-kimsan, Umar Xayyom hazratlarining suyukli inisisiz, ogʻoyi.

Yigitga uning «ogʻoyi» degani yoqib tushdi-bunchayam tili shirin boʻlmasa-ya

-Hazillashdim, Rayhon.-dedi u shoshib, qizni xafa qilib qoʻyishdan qoʻrqib.

Jim qoldilar. Ikkisining ham xayollarini bir umid olib qochdi.

-Nechuk jim qoldingiz? -deya soʻradi qiz kutgani oʻshal mujda ilinjida.

-Ikkimizni oʻylaydurmen, jonim! -Yigit buni oʻrtanib aytdi.

Qiz esa mutaassir boʻlib, ollandi.

-Hademay xojam Xayyom hazratlariga ayturmen. Otangdan men uchun sening izningni soʻraydur. -Mahmud qizning titroq ilkini tutdi.-Ul zotning ra’yini qaytarmas otang?..

-Inshoolloh!.. -deb yubordi qiz beixtiyor va battar qizardi.

Yigit uni quchib olmoqni istadi.

-Keyin biz... -Rayhon shodon kayfiyatda Mahmudga oʻgrildi. -Keyin ham rasadxonada yashʻayveramiz. Bu yerda yaxshi kishilar koʻp.

-Ha!..

-Men sizga oʻqib-yozmoqni oʻrgatamen.

-Keyin arslonday oʻgʻil tugʻib berursen!..

Qiz yuzini yashirdi.

-Aynimaygina qoling!..

Narigi tomonda taraq-turuq boshlandi -quruvchilar ishga tushdilar...

Mahmud tashqaridagi qattiq taqirlashdan oʻziga keldi va koʻz oldida taqi toʻrtburchak bolorlar paydo boʻldi. Qandayin shodumon edilar-a oʻshanda! Qaylardasen shoʻrlikkinam, Rayhon?! Endi bu kabi soʻngsiz, adadsiz uchrashuvlar qachon nasib etadur, jonim?! Yigitning koʻzlariga yosh sizdi...

Mahmud Rayhonning gʻoyib boʻlganidan xabar topgan kuni kechasi to tonggacha mijja qoqmadi. Ma’suma suyuklisining noayon taqdirini oʻylab, yetdim deganda ters oʻgirilib olgan baxtining gʻanimat ekanligini endi-endi payqaganidan chinakamiga oromsiz boʻldi. Avvaliga bu koʻrgilikni shunchaki anglashilmovchilikka, qoʻpol bir mutoyibaga yoʻymoqni istab, Rayhonaning «Men buyoqdamen», deya kulib kirib kelmogʻini kutdi. Biroq hadeganda yori kirib kelavermadi. Keyin xojasi Umar Xayyomning mehridan va oʻsha mehr tufayli qizni tezlikda topib bermogʻidan, lozim boʻlsa, bu yoʻlda vaziri a’zamu sulton hazratlarini ham ishga sola olmogʻidan umidlandi. Filhaqiqat, xojasining ilki daroz edi. Ammo bu ham koʻmak berolmadi, jarohatiga malham boʻlolmadi. Xayyom vaziri a’zam huzuridan noumid qaytdi. Yoʻq- yoʻq, undan ilgariroq boshqa bir voqea roʻy berdi. Rayhona yoʻqolgan kunning ertasiga qurilish maydonida ulkan xarsangtoshga suyangancha parishon ahvolda oʻltirgan sangtarosh Mahmudning yoniga jandapoʻsh kiygan bir darvish-qalandar keldi. Bu kabi jahriy zikr sohiblarining «huvvo-huv»lariga koʻp bora yoʻliqib turilgani bois birov unga e’tibor qilmadi. U Mahmudning qarshisiga keldi-yu nigohini oʻsiq sochlari ostiga yashirib, pichirladi:

-Mahmud otligʻ sangtarosh senmusen?

Ne boʻlayotganligini anglamagan yigit «ha» dedi sekingina.

-Suyganingni koʻrmoqlikni istarmusen?

Mahmud irgʻib oʻrnidan turib, darvishning yoqasidan olmoq istadi.

-Aqlsizlik qilma!-dedi darvish keskin. -Aks holda yoringdan ayrilib qolursen. Ma’quli quloq tut: Qazvinga borursen va eng katta karvonsaroyning xojasiga yoʻliqursen. Unga «Olloh yarlaqagan Alidan salom» dersen. Bilib qoʻy, bu gapni soʻzma-soʻz aytursen. Bu doʻstlarning dil qulfiga kalitdur. U murodingga yetkazur.

Mahmud ixtiyorsiz ravishda darvishga itoat eta boshlagandi:

-Birovga sas chiqara koʻrma, yoring zavol topur!.. Yo Olloh-hu-yo Olloh!..-Darvish ohista qadamlar ila nari ketdi.

Mahmud Rayhonaning hayoti xatarda ekanligini, Qazvin sari safarga chiqmoqdan oʻzga chora yoʻqligini fahmladi. Biron kimsadan najot yoʻq edi. Ollohga tavakkul aylab, yoʻlga otlanmoq lozim. Uning dardi ichida qoldi, ikki kundan soʻng rasadxonani pinhona tark etdi...

Yoʻl azobini goʻr azobiga qiyos etib xoʻb aytmishlar. Ming bir zahmatu xoʻrlanishlar iskanjasida ozib-toʻzgʻigan, soch-soqoli oʻsgan kir-chir Mahmud vanihoyat Qazvinga yetib keldi. Oʻzga hech bir goʻshaga qayrilmay toʻppa-toʻgʻri darvish aytgan karvonsaroyga bordi. Soqoli pahmoq, soʻl koʻziga oq tushgan novcha sohibi karvonsaroy uni xushlamay, pisandsiz tarzda qarshi oldi. Hattoki «Olloh yarlaqagan Alidan salom» degach ham tund basharasi ochilmadi. Biroq indamay ortiga qayrildi-da, uni ham ichkariga boshladi. Bir hujraning eshigini ochib, «kir» deya imladi va qoʻshib qoʻydi:

-Hordiq ol. Hozir yemak keltirurlar. Avvali sartaroshga kirib, soʻng yuvinib ol. U shunday deya hujra oʻrtasidagi xontaxta ustiga bir necha kumush tanga tashladi.

Karvonsaroy sohibining xafsalsiz harakatlari uning bu kabi yumushlarni koʻp bora ado etganligidan darak berardi. Mahmud esa oldiniga uni darrov soʻroqqa tutmoqlikka va tezroq Rayhona haqida bilmoqlikka xezlandi. Ammo sohibning sovuq muomalasi niyatidan qaytardi. Hali fursati yetmaganligini tushundi. Tushundi-yu darozning amriga itoat etib, karvonsaroy sartaroshxonasini izlamoqqa tushdi.

2

Qazvin qadim, ammo boshkentga nisbatan ancha chogʻroq shahar edi. Ahli-fuqarosi ham ozchilik boʻlib, koʻpchiliklarini hunarmandlar, yollanma dehqonlar tashkil etardilar. Kishilarining asosiy qismi shia mazhabiga, yanada toʻgʻrirogʻi, ismoiliylikka e’tiqod qilardilar. Bu yerda qashshogʻu kambagʻallar va oʻrta hol hunarpeshalarning adadi ustuvor edi. Ehtimol shuning uchunmi, shahar besaranjom, koʻcha-koʻylari iflos edi. Bozorlarida, qoʻyingki, odam moʻl boʻlguvchi joylarida ham baqir-chaqiru toʻpolonlar avjliroqdek tuyulardi. Ahlining koʻyida bir ajib jazavami, vahmmi zohirdek tuyulardi. Xullaski, yangi kelmish odamga kent osmonida tahlika otligʻ bir kuchning qovoq uyib, muallaq turgani sezilardi.

Ismoiliylar saljuqiylar saltanatining boshqa shaharlariga nisbatan Qazvinda koʻpchilik edilar va ular, deylik, Isfahon yoxud Nishopur kabi kentlardagi maslakdoshlariga qaraganda emin-erkin hayot kechirardilar. Hatto mamlakat poytaxtida kezingan ismoiliy hufiyalar ham, ta’bir joiz boʻlsa, mana shu Qazvindan «uchirma» qilinardilar. Ularning rahnamolari asli qashshoq va yupun boʻlmish hunarmandlar, mayda tujjorlar va hatto devonalardan osongina oʻz tarafdorlarini vujudga keltirardilar. Bu maskanda ularning oʻz jamoatlari hufiya vaqflari mavjud edi. Ismoiliylar oʻzlarini imomiylar yoki Aliylar (ya’ni Aliga ergshganlar) deb ham atardilar. Ayni kunlarda ular tobora kuch yigʻib, qudrat kasb etib borardilarki, endi ismoiliylar davlatini barpo qilishdan umidlanardilar. Ularning chin va xavfli gʻanimlari, oʻz nazarlarida, sunniylar, aniqrogʻi, saljuqiy turklar edilar. Aytishlaricha, Qazvin hokimi ham ularga, ya’ni ismoiliylarga maylu xayrixohlik bildirar edi.

Qazvinning tor va iflos koʻchalari kishi koʻziga, ayniqsa, Isfahondek goʻzal shahardan kelgan odamga xunuk hamda yoqimsiz koʻrinadi. Mehnat kishisi hech qachon, hech bir zamonda yomonlikka esh boʻlmagan, uning oʻz zahmati ila topgan luqmasi hamisha halol va har qanday qonunga muvofiq boʻlgan. Shu kabi bu kentda yoʻlning ikki chetida oʻltirvolib, rizq ilinjida tinimsiz mehnat qilayotgan ahli hunarmand ham oʻz nonu nasibalarini peshona terlari ila halollab topmoqda edilar. Ularning bundayin halol yumushlariga zigʻircha ishtiboh bildirmoqlik gunoh boʻlur edi. Biroq kimlarningdir shum niyatlari va urinishlari evaziga ularning shuurlarida bir gʻalat evrilish kechardi. Bu evrilish yuqorida zikr etilmish gunohdan ham ulkanroq gunohga eltmogʻini koʻplari fahmlamasdilar. Dunyo ahli Ollohning inoyati ila aql topgandan beri unga ne-ne zotlar, ne-ne jamoatlar kelmadilar. Ularning hammalari haqiqatpeshalik da’vo qildilar va oʻzlarining ortidan minglab odamlarni ergashtirdilar. Ergashuvchilarning ba’zilari tutgan yoʻllari xatoligʻ ekanligini bir nav fahmlagan boʻlsalar-da, aksarlari oʻshal ulkan gunohu xatokorligʻlari ila jannat umrida rost dunyo sari ravona boʻldilar. Bu ne sinoat? Demakki, odamning nechogʻlik gunohkor yoki gunohsizligi uning oʻz vujudida, toʻgʻrirogʻi, qalbida ekan-da. Bandaning maqomi uning olamni anglamogʻi darajotiga hamrishta ekan-da! Aksi oʻlsa, bul bashar farzandi toshni Xudo, olovni Tangri yoxud bir mahluqni Iloh dermidi? U oʻshal yaratilmish nimarsalarga yaratuvchi deya topindi, iltijolar qildi. Nihoyat odam shuurini, qalbini Qur’on fayzi nurafshon etdi, hayotini ilohiy shariat bezadi. Paygʻambar alayhissalom Olloh ixtiyori va qudrati ila butun olamga iymon nurini, bandalik ziyosini taratdi. Dunyo saodat ichra qoldi, kishilar qalbi Haq ishqidan hapqirdi. Keyin esa, ya’ni Hazrati Risolat vafotidan soʻngra, Islom ahkomlariga asta-sekin darz tusha boshladi. Kechagina ilohiy saodat nuriga yoʻgʻrilib dunyoga kelgan avlodlar qirpichoq boʻlmoqqa tutindilar. Ogʻa-inilar, jigarjondoshlar bir-birlarining boshlariga qilich soldilar. Atigi yuz-ikki yuz yil kechmay buyuk Islom necha mazhabu firqalariga boʻlinib ketdi. Boʻlinib hamki, ular ichra johil, qonxoʻr va tajovuzkorlari koʻpaydi. Endi esa, saodat zamonidan hozirgacha besh yuz yil oʻtib, Islom xalifaligidan, ahkomlaridan putur ketdi. Qarangki, endi nafaqat yurt talosh, jon talosh, boylik talosh, balki iymon talosh boʻlmoqda. Vaholangki ularning ham barchalari jannat umididalar...

Ismoiliylik tarafdorlari ham oddiy va xatokor banda edilar. Ammo ularning xatokorligʻlari boshqalarnikidan anchagina oshib tushardiki, buni ularning dargʻalari-yu fidoyilari anglab yetmasdilar. Anglaguvchilari chetda va yoxud yiroqda boʻlib, ularga ta’sir etmoqqa ojiz edilar. Aslida ismoiliylar bu kabi gaplarni, ya’ni oʻzgalar fikrini tinglaguvchi ham emasdilar. Vaziri a’zam Nizom ul Mulk ta’biri bilan aytganda, bu qavm hech bir odamizotga oʻxshamaydi, alarni koʻppak demoqlik ham ozdek tuyulur. Yanaki alar vujudiga alayhila’na in qurib olgan. Bu soʻzlarda nafrat ehtirosi mujassam edi, biroq butunlay notoʻgʻri ham emasdi.

Ismoiliylar Hazrati Aliga ortiq darajada e’tiqod qoʻyardilar va goho uni ilohlik maqomiga ham koʻtarib, shakkoklik etmoqqacha borardilar. Ular Hazrati Alidan boshlab yetti nafar imom borligiga va yettinchi imom Ismoil oltinchi imom Ja’far as Sodiqning oʻgʻli boʻlib, hozircha gʻayb mulkida pinhon ekanligiga ishonardilar. Ular fotimiylar rahnamoligida Misrni bosib oldilar va Habashistonda fotimiylar davlatini barqaror etdilar. Ul joydan turib ismoilimiya ta’limotini Eron, Xuroson va boshqa oʻlkalarga yoymoqqa urindilar. Qazvin va Ray kabi shaharlar ismoiliylar koʻp boʻlganligi bois asta-sekin ularning ilkiga oʻtib bormoqda edi.

Ulkan savdo shahri boʻlgan Ray bir paytlar ismoiliylarning makon, ta’bir joiz esa, Eron mulkidagi boshkenti edi. Qudratli turk sultoni Mahmud Gʻaznaviyning saltanati barpo boʻlgach, u butun shaharlarni ishgʻol etib, sunniylik mazhabining muzaffariyati uchun ot surdi. Ana oʻsha yillair Sulton Mahmud Rayga ham yetib keldi va rofiziylaru ismoiliylar hamda dunyoviy ilm ahlini qirgʻinbarot qildi. Ularning son-sanoqsiz kitoblarini toʻplab, oʻz nazdida, kofir bilgani haligi toifali kishilarni qator-qator dor ogʻochlariga osdi va ularning ostiga uyum-uyum kitob qalab, yoqib tashladi. Mahmud Gʻaznaviy tomonidan ismoiliylarning qirgʻin qilinishi ularning nufuzini bir necha oʻn yilliklarga tushirib yubordi. Ular pana-panalarda jon saqladilar.

Endi esa ular asta-sekin oyoqqa turib, imom Ja’farning sunniylarga, Islom xalifalagi oʻshalarning ilkida ekanligiga befarq qarayotganligidan norozi boʻla boshladilar. Ayni shu kunlarda uning oʻgʻli Ismoil maydonga chiqdi va chorvadoru zaminkorlarni oʻz atrofiga jamlab, shialarning qudratini oshirmoqqa sa’y etdi. Koʻp oʻtmay Ismoil olamdan oʻtdi. Ja’far as Sodiq oʻz oʻgʻlini hurmat ila dafn etgan boʻlsa-da, oʻgʻlining tarafdorlari koʻpayib ketganliklari bois uning yoʻrigʻiga yurmay qoʻydilar. Shu-shu ismoiliylar taqi oʻz ta’limotlarini keng yoymoqqa tushdilar. Habashiston, Shomu Ajam, Movarounnahr va Eronda hufiya jamoatlar tuzib, ular aro mustahkam robita oʻrnatdilar.

Ayni kunlarda ismoiliylar orasida taqi bir qavm paydo boʻlib, oʻzlarini botiniylar deya atay boshlagandilar. Bular ham Hazrati Alini e’tirof etguvchi, unga e’tiqod qoʻyguvchi boʻlsalar-da, boshqa ismoiliylik tarafdorlaridan keskin farqlanardilar. Botiniylar Qazvin ichra tobora koʻpayib, kuch yigʻib borardilar. Ular orasida yoshlar koʻpchilik boʻlib, oʻn sakkiz-yigirma besh yoshning nari-berisida edilar. Aytishlaricha, bu qavm juda tajovuzkor, oʻz rahnamolariga bagʻoyat itoatgoʻy edilar. Ularning zarbdor bir guruhi mavjud ediki, oʻzlarini «fidoyilar» deb atardilar. Bu xos jamoat boʻlib, ularga alohida e’tibor ila saboq berilardi.

Mish-mishlarga qaraganda, shaharda Hasan ismli bir odam paydo boʻlganmish. U Misrdan tashrif buyuribdi. Shu paytgacha hali biron kishi uni oʻz koʻzi ila koʻrganligini aytolmaydi. Balki shuning uchunmi, koʻpchilik ismoiliylar uni oʻsha kutilgan gʻoyibona imom, deya faraz qilardilar. Aslida ular, ya’ni ismoiliylar bu gapga ishonmoqni dil-dillaridan istar edilar. Boisi saljuqiy turklarni tezroq tor-mor etib, ismoiliylar hukmronligini tiklamoqni orzulardilar. Shu orzu yetovida ular tobora koʻpayib, jipslashib, gʻoyibona imom olib borguvchi muzaffar kunlarni intiqib kutardilar. Bu intiqlik ortidan pinhoniy imom, ya’ni oʻsha sirli Hasan haqidagi mish-mishlar, uni ulugʻlovchi rivoyatu afsonalar kun sayin ortib borardi. Ismoiliylarning boshliqlari uchun ayni shu narsa zarur edi-avom bilib-bilmay bu qavmning nufuzini oshirib borardi.

Mahmud esa hali bu gaplardan bexabar edi, aniqrogʻi, bundayin ishlarga uning aqli ham yetmasdi. U toza ishq koʻyida sarson kezgan oddiy bir sangtarosh edi. Yigit shoʻrlikning koʻz oʻngidan Rayhonasi ketmasdi...

3

Oradan uch kun oʻtdi hamki Mahmudga na birov biron ish aytdi, na murodu maqsadini surishtirdi. U soch-soqolini qirtishlatib, yuvinib- taranib, yangi liboslar kiydi, soʻng toʻyib ovqat yedi va miriqib uxladi. Shundan keyingina yuziga qon yugurib, kirtaygan qaboqlari boʻrtdi, chehrasi ochilganday boʻldi. Ammo uyqudan uygʻondi deguncha darrov koʻz oldiga Rayhona kelardi. Mudom undan darak yoʻq. Endi karvonsaroy sohibi ham oʻzini koʻrsatmay qoʻydi-yu unga oʻsha yerdagi yugurdak oʻsmir xizmat qila boshladi. U Mahmudga yemak keltirar, goho eshikni qiya ochib qarab ketar yoki xuddi xojasi kabi kumush tangalar olib kirar edi.Ayonki, bu yumushlarning barchasini xoʻjayinning amri ila bajarayotganligi ochiq-oshkora sezilib turardi. Biroq qariyb bir soʻz demas, soqov kabi kirib, gung mengiz chiqib ketardi. Mahmud ham uni ortiqcha savolga tutmas, bu bechorada ne ayb, uning tirikchiligi shu-da, deya qoʻya qolardi. Kishi ixtiyorsiz boʻlsa, shu koʻyga tushishi aniq-buni u ham tushunib yetgan. Lekin Xayyom hazratlarining xojaligi oʻzgacha edi. U kishi birovni unchalar beixtiyor etmasdi. Mabodo zarurat boʻlmasa, ortiqcha amr ham bermasdi. Barcha oʻz yumushini bajarsa bas, hech kimning inon-ixtiyoriga aslo dahl etmasdi. Endi oʻylab koʻrsa, rasadxona dargohida ana shunday hayot, muomala oʻz-oʻzidan, birovning ixtiyorisiz yaratilgan ekan. Faqat bu nimarsalarning bari Xayyom hazratlarining ta’siri va bagʻri kengligi tufayli boʻlganligi aniq. Mahmud shularni oʻylarkan, xojai ogʻoyisini, ahli rasadxonani sogʻinganligini his etdi. His etdi-yu oʻtrusida taqi suyuklisi namoyon boʻldi.

Qandayin baxtiyor edilar-a! Oshiyonlari tayish, yeguliklari bisyor va eng quvonchli-yu huzurlisi-hamisha birga edilar. Hech yoʻq olisroqdan boʻlsa-da har kuni bir bor diydorlashmoqlari, nigohlari soʻzlashmogʻi imkonli edi. Ana oʻshal baxtli onlarini ulardan tortib oldilar. Endi Rayhonasi yoʻq. Qayerlarda, ne koʻyda ekanligi ham noayon. Necha kunlardan buyon qalbida yashagan, Qazvinga kelib, karvonsaroyga qoʻngach, yanada kuch olgan umidi hozirgi oʻylaridan soʻng tuyqusdan soʻna boshladi. U Rayhonani topmogʻiga ayni damgacha qattiq ishonardi. Uch kunlik hordiq kor qilib, shuuri tiniqlashgach, oʻzini aldanganday sezdi. Ayniqsa, bu yerdagilarning mudom jimligi uni ishtibohu gumon changaliga yetaklamoqda edi. Yuragini vahm bosdi. Bu sukutning adogʻi bormi oʻzi? Nega uni tashlab qoʻydilar? Hozir chiqadi-yu karvonsaroy xojasini topadi. Ne muddaoni koʻzlaydur bu naynov, bilsinchi. U shahd oʻrnidan qoʻpdi.

Karvonsaroy sohibi oʻz hujrasida edi. Buni Mahmud xizmatkorlardan soʻrab bildi. Mudom shashtidan tushmaganligi bois xoʻjayinning xonasiga shiddat bilan kirib bordi. Kirdi-yu roʻbaroʻsida boshini eggancha ne iladir mashgʻul boʻlgan sohibni koʻrib, taqqa toʻxtadi va beixtiyor boʻshashdi. Chunki daroz na eshikning taraqlashiga va na uning bezovta sharpasiga parvo qilmadi, parvo qilish tugul qayrilib qaramadi ham. Uning xuddi shu koʻyi Mahmudni dovdiratib qoʻydi. Sohib to unga qayrilib qaramaguncha karaxtlanib ancha turdi. Nihoyat xoʻjayin boshini koʻtardi va uni endigina payqagan mengiz boqdi-da, dedi:

-Hmm, keldingmu?..

Bu yigitni battar dovdiratdi, nahotki uning kelishini bilgan yoxud kutgan boʻlsa?

-Men... -Mahmud nimadir demoqchi boʻlgandi, daroz uning gapini boʻldi:

-Pichadan soʻng joʻnaymiz, hozirligingni koʻr!..

Mahmud itoatkorona bosh egib, hujrasiga qaytdi. Kesakdan sado chiqdi, deya oʻyladi soʻng, har tugul endi nimadir roʻy beradi-ku. Ehtimol Rayhona ila yuz koʻrishar? Qaniydi!.. Balki... Yigitning yuragi taqi battar gʻashlandi, nazdida, qandaydir ofat-falokat unga yovuqlashayotgandek tuyuldi...

Ular karvonsaroy xoʻjayini ila koʻchaga chiqqanlarida vaqt asrdan ogʻgan edi. Ikkalovi soʻl yoqqa qayrilishib, yayov yoʻlga tushdilar. Mahmud uchun-ku farqsiz edi, biroq anchagina davlatmand boʻlgan xoʻjayinning oʻz futlariga shafqat etmay, piyoda yoʻlga chiqqanligiga hayron boʻlardi.

Ayni damda koʻchada odam siyrak edi. Ot-ulovlar ham kam koʻrinardi. Koʻcha tor boʻlganligi bois chekkada yonma-yon ketayotgan ikki kishi yoʻl ustiga chiqib qolgandek tuyulardi. Buning ustiga biron arobami yoxud otliq oʻtib qolsa bormi, yoʻlovchilar toʻxtab, oʻzlarini chetga olishlariga toʻgʻri kelardi. Taqi shunisi ham bor ediki, yo qazvinliklar chindan ham baland ovozda gapirardilar va yoki haqiqatan bu shahar shovqinli edi. Bu shahar kishilari boshqa musulmon oʻlkalaridagiga aksil oʻlaroq kam salomlashardilar, chogʻi. Yo Mahmudga shunday tuyuldimi? U tagʻin shuni ham payqadiki, chetda turgan yoxud roʻbaroʻ kelgan aksariyat kishilar karvonsaroy sohibiga gʻalati boqardilar. Ular yo daroz sohibdan qoʻrqardilar, yo uning oʻzlariga ham e’tibor qilmogʻini istardilar. Shuningdek, ana oʻsha boqishlari asnosida Mahmudga «Sen ham oʻzimizdanmisan?» degandek qarab qoʻyardilar. Aslida bu yerdagilarning barchalari bir-birlarini taniydigandek tuyulardi.

Ular sekin, ammo uzoq yurdilar. Quyosh cheti qizara boshlaganda shaharning kunbotish tarafdagi adogʻiga yetdilar. Baland devorli qoʻrgʻonning ulkan darvozasi oldida toʻxtadilar. Darvoza oldida hech kim yoʻq edi. Daroz sohib oʻz uyiga kirayotgandek ostona xatlarkan, Mahmudni ham ichkariga imladi. Yigit darvozadan kirdi-yu angrayib qoldi-qoʻrgʻon haqiqatan ham benihoya ulkan edi. Unda odam bagʻoyat koʻp va hamma narsa mavjud edi: oʻng tomonda baland gumbazli bino boʻlib, u Ollohning uyi-masjid ekanligi shundoqqina bilinib turardi. Gumbazdan ham yuksakroqqa boʻy choʻzgan yonidagi minora esa masjidga yanada salobat baxsh etgandi. Masjidning narigi yonidagi pastakroq xonalar tamaddixona edi chamasi, chunki ancha uzoqda boʻlishiga qaramay, u yerdan osmonga oʻrlayotgan bugʻ elas-elas koʻzga tashlanar va pishirilayotgan taom va olovning hidi dimoqqa urilardi. Undan soʻng, ya’ni roʻbaroʻda esa uzunasiga bostirma joylashgandi. Uning ostida allanimalar terilib yotar, diqqat ila tikilinsa, turli qurol-yarogʻ, egar-jabduq, arobalar kabi nimarsalarni ilgʻash mumkin. Ana oʻsha bostirmaning qarshisida tizilib turgan, sakrayotgan, chopayotgan eran turfa jismoniy mashqlarni bajarishar, goho-goho va oʻshat solib hayqirib ham qolishardi.

Soʻl yoqda uzunasiga qilib qurilgan ikki qavatli bino turar, u mana bu jazavali jamoatning xobgohi edi chogʻi. Qoʻrgʻon sahniga yalpi tosh yotqizilmagandi. Faqatgina har tomoniga emin-erkin eltuvchi sangli yoʻlaklar qilingandi. Qolgan joylarida esa oftob taftida oqshaygan tufrogʻ yaqqol koʻzga tashlanardi.

Daroz sohib uni soʻl tomonga boshladi. Har xil yumushlar ila band boʻlgan, u yoqdan-bu yoqqa chopguday oʻtayotgan odamlar orasidan yurdilar. Hamma bir yumush, hech yoʻq yurmoq ila mashgʻul, birov birovga e’tibor bermasdi ham... Ayvondan oʻtib, bir eshikdan kirdilar. Bu ancha katta xona boʻlib, koʻrpa-toʻshaklar devor osti boʻylab qator taxlanib yotardi. U yerda ham bir necha kishilar bor edi, lekin ular bu ikkoviga e’tibor ham qilmadilar. Karvonsaroy xoʻjayini Mahmudga, xohlagan joyingga joylashaver, deganday bir qarash qildi-da, koʻzdan gʻoyib boʻldi. Yigit biron soʻz aytishga ham ulgurmadi. Uning taqi xafsalasi pir boʻlib, beixtiyor yonboshidagi joyga choʻkdi. Yo tavba. Endi bunisi ne sir boʻldi? Bu mavhumotlarning, pis-pislarning adogʻi bormi oʻzi, xayolidan oʻtkazdi u...

Shom namoziga azon aytildi. Barcha tahorat olmoqqa va undan soʻng masjidga shoshildi. Darvoqe, bu yerdagi tahorat joylari ham bagʻoyat orasta edi. Mahmud omiy edi. Namoz oʻqishni bilgani bilan Islomdagi mazhablarni farqlay olmasdi. Oʻzi sunniy boʻla turib, shialar aro namoz oʻqirkan, namozdagi farqlarni ham sezmasdi. Namozdan soʻng tanovvul qilindi. Shunisi qiziqki, bu amallarning barchasi biron bir ortiqcha soʻzsiz, toʻqnashuvsiz oʻz oʻrnida bajarilardi. Undan keyin esa to xuftongacha hordiq olindi. Mahmud mudom yolgʻiz edi. Birov unga qayrilib qaramasdi ham. Barcha asta-asta soʻzlar, biroq bu tovushlarning umumlashuvi yigitning quloqlarini qomatga keltirguday boʻlardi. Chamasi, ungagina shunday tuyulardi, negaki boshqalar atrofdagi ovozlarga parvo ham qilmasdilar. Ora-sira «Imom Mahdiy», «Gʻoyibona imom», «Hasan Sabboh», «Shu yerda» deya koʻp takrorlanayotgan soʻzlar Mahmudning qulogʻiga chalinib qolardi. Unga qadar yigitning diqqati oshar, yuragini esa vahm bosardi.

Hufton namozidan keyin uyquga yotdilar. Taqi boyagi joyga yotib oldi, ammo birov unga «joyimni boʻshat» ham demadi. Ichkarida bir pas dimiqib, yuragi siqildi. Shahd oʻrnidan turib, ayvonga chiqdi. Boʻsh joyga chalqancha yotib, ayvon «qabogʻi» ostidan koʻrinayotgan yulduz toʻla osmonga tikildi. Koʻzlariga chiroq nuri tushib, uchqun otgan kabi koʻringuvchi koʻz choʻgʻiday miltiragan yulduzlar jumlasi uning qaygʻusidan bexabar edilar. Ular toʻlishib borayotgan oyning nazariga tushmoqchi boʻlayotganday basma-basiga jimirlaydilar xolos. Yoʻq, nega endi bexabar boʻlarkan? Bir paytlar, u yana Isfahonni, qadrdon rasadxonani esladi. Xayyom hazratlari nujumga tikilib oʻltirarkan, «yulduzlar Olloh taoloning tasbeh donalari» degandi. Yaratgan oʻz bandalarini va ularning yoziqlarini oʻshalar orqali hisob-kitob qilarmish. Astagʻfurilloh! Shu shoiru olim ahli ham xoʻp ajoyib-da, qiziq gaplarni topib aytishadi. Bu-ku omiy bir banda, ancha-muncha nimarsalarni koʻpam fahmlayvermaydi. Lekin xojasining aytishicha, odam bolasining qismati yulduzlar dunyosiga nesi iladur dahldor emish. Tagʻin kim biladi... Birdan yonida Rayhon paydo boʻldi. U jilmayib turardi, koʻzlari, tishlari yulduzlardayin shu’lali jimirlardi.

-Siz kitob oʻqimaydursiz, ogʻoyi.-dedi u ta’kid ohangida. -Mutolaa etganingizda edi, yulduzlar koʻzingizga bundin-da oʻzgacha koʻringan boʻlurdi.

Uni xayol olib qochdimi yoxud pinakka ketdimi, kimdir yelkasiga ohista turta boshladi, lekin ovoz Rayhonniki edi:

-Ey, sizga ne boʻldi? Koʻzingizni oching... Koʻzingni och, birodar...

Mahmud koʻzini ochganda, tepasida boʻzarayotgan osmonni devday gavdasi ila toʻsib, bir kimsa qorayib turardi. Yigitning yuragi bir qur bezovtalandi. Oʻzini oʻnglab olgunicha ham picha fursat oʻtdi.

-Qani, ortimdan yur! -dedi haligi odam Mahmudni ilki ila ham chorlab.

Yigit indamay unga ergashdi.

Ular masjid tarafga qarab yurdilar. Masjidning yonboshida taqi yana bir eshik boʻlib, Mahmud kecha uni payqamagan ekan. Aslida ayni damda ham tevaragidagi nimarsalarni tuzukroq ilgʻamayotgan edi. Yoʻlboshlovchiga ergashib boyagi eshikdan kirdi. Xona tagʻin ikkiga ayrildi-ular soʻldagi eshikka yurdilar. Bu xona ancha keng va koʻzga parda tortgudek xira yorugʻ ogʻushida edi. Roʻbaroʻda koʻkish parda, uning ortidan, aniqrogʻi, shiftining burchagidan qizgʻish nur yogʻiladi. Pardaning narigi yogʻida kimdir oʻltirar, uning koʻlankasi shundoqqina qorayib koʻrinib turardi. Soya negadir qilt etmayotgandek koʻrinadi.

Mahmud hamrohining amri ila oldidagi oʻrindiqqa soyaga yuz tutgan holda oʻltirdi.

-Seni ne muddao bu dargohga yetaklab keldi, ey, yigit?-deya soʻradi parda ortidan kelgan muloyim, biroq xiyol xirillaguvchi ovoz.

Mahmud biroz taraddudlanib qoldi, soʻng:

-Bir ojizani izlab keldim.-dedi.

-Xasmingmu?-soʻradi taqi ovoz.

-Yoʻq. Biroq ul qizginaga koʻngil berib edim. -Yigitning ovozidan oʻz soʻzidan andishada ekanligini oshkora payqash mumkin edi.

-Uni koʻrmoqni chin dildan istarmusen?

-Ha!.. -dedi Mahmud qat’iylik ila.

-Unda bizga sadoqat ila xizmat qilgaysen. Biz esa yoring vasliga Ollohning behishtida musharraf etgaymiz.

Mahmud bu soʻzlarni tushunmagan boʻlsa-da, dedi:

-Ne shart boʻlsa, rozimen. Faqat...

Uning soʻzini haligi ovoz boʻldi:

-Bizga sadoqat ila xizmat etmoqqa ont ich-da, anovi tabarruk suvni ixlos ila sipqor.

Mahmudni bu yerga boshlab kelgan odam unga piyola tutdi. U oʻz sadoqatini ifoda etib, qasam icharkan., «Bismillahir rohmanir rohiym», deya piyoladagi chuchmal suyuqlikni sipqordi.

-Boraver!-deya amr etdi ovoz.

U oʻrnidan turib, hamrohi yetovida kirib kelgan eshigiga emas, unga qarama-qarshi joylashgan chogʻroq eshikka qarab yurdi. Eshikka yaqinlasharkan, boshida, butun vujudida bir evrilish uygʻonayotganligini payqadi. Ostonada toʻxtab, oʻng ilki ila eshik kesakisini tutdi, chunki boshi aylana boshlagandi. Keyin oyoqlari ostidan zamin qochib borayotganligini elas-elas ilgʻadi. Ojizona xohish ila tavakkal dedi-da, bir qadam tashladi. Tashladi-yu uchib ketdi. Koʻzlariga koʻrmoq ham malol kelganidan ularni yumib oldi. Uzoq uchdi...

Nihoyat qay bir ma’voda koʻzlarini ochdi. Koʻrdiki qarshisida mislsiz nuru ziyolar jilvalanayotir. Osmon toʻla nur, har yonda ming turfa tajalliy. U bilgan-bilmagan sonsiz qushlarning oʻtligʻ xonishi quloqlarini siypalab, koʻngullarga orom baxsh etadi. Goʻyo kishi majlisi tayr (qushlar suhbati)ga kirib qolganday sezadi oʻzini. Atrof-tevarak gulu chechaklarga burkangan. Beadad ranglar obroʻ talashgan beqiyos makon edi bu. Bir yonda toʻlin qizning barmogʻiday ariqchalarda suvlar shaldirab oqayotgan boʻlsa, ikkinchi yoqda favvoralar anjuman tuzgan... Bir zamon roʻbaroʻsida qiygʻos gullar misol jamoat tuzgan qizlar koʻrindilar. Ular shodon kulardilar. Oq, niliy, pushti tusli harir liboslarini xilpiratib, har yona sakrarkanlar, kapalaklar parvozini yodga solardilar. Ularning oppoq badanlari harir matolar ostida dillarga-yu vujudlarga oʻt yoqguday koʻrinardi. On qadar suluv edilar bu qizlar-jannat hurlari.

Qizlar unga yovuq keldilar va hammalari birvarakay boqdilar. Shunda... Rayhon!.. Anov pushti libosga burkangan nahotki Rayhona boʻlsa?! Ha, oʻsha. Faqat u hozir avvalgidek iymanib boqmasdi, yuz-koʻzida er koʻngliga gʻulu solguvchi olov balqib turardi. Biroq yigit ayni damda bular haqida oʻylagulik ahvolda emasdi. Shul bois ham titrab-qaqshagancha hayqirdi:

-Rayhon!..

Pushti libosli hur tek qotdi-yu unga tikildi.

-Ogʻoyi!.. -deya u ham yigit tomon talpindi. Yovuq keldilar. Bir lahza nigohlar soʻzlashdilar. Soʻng qovushdilar. Yigit olov ichra toʻlgʻona-toʻlgʻona boʻsalar ola ketdi.

Qiz esa uni battarroq junbushga solib, oh urardi. Ikki qonli shamshir- lablar bir-birlariga tigʻ urganlarida, entikishlar yuz chandon ortdi. Gullar, nurlar, qushlar, suvlar, ranglar-barcha-barchasi ularni madh etardilar...

Koʻzlarini ochganda taqi oʻshal parda oldida oʻltirardi. Tepada qizgʻish nur oʻynardi.

-Ontingni unutmadingmi?-deya soʻradi tanish xirilloq ovoz.

-Yoʻq.-dedi yigit itoatkorona.

-Unda sening borar manziling, inshoolloh, oʻshal goʻzal ma’vodur. Boraver!..

Yigit hamrohi yetovida dastlab kirib kelgan eshigi tomon yoʻnaldi. Uning xayoli, nahotki bir lahzada shuncha voqeot zohir boʻlsa, shuncha huzur-halovat koʻrsam, degan savol aylanardi. Buning ortidan haligi ovoz sohibining karomatgoʻy ekanligiga ishonib borardi.

Bu mahal bomdod namoziga azon aytilib, barcha soʻzsiz bir tarzda gʻimirlab tahorat olmoqqa shoshilardi. Hovliga chiqqach, Mahmud ham beixtiyor ularga qoʻshilib ketdi.

Yigit koʻrganlarini bir necha lahzalarda roʻy berdi deya yanglish xayol qildi. Aslida u bir kecha-kunduz sarxush yotib, ertasi tongda taqi oʻshal parda qoshiga olib kelingandi...

Ikkinchi bob

1

Qazvin butunlay ismoiliylar ilkiga oʻtgan boʻlsa-da, biroq endi bu kent ularga torlik qilib qolayotgandi. Torlik qilayotgani bir jihati boʻlsa, ikkinchi tomoni-shaharda qolmoq xatarli ham edi. Saljuqlar yetti iqloimni oʻz tasarrufiga olgan ayni mahaldi qal’asi unchalar mustahkam boʻlmagan shaharda makon tutmoqlik, asosiy kuchlarni unda jam etmoqlik aqlsizlikdan boshqa nimarsa emasdi. Buni ismoiliylarning sardoridan tortib, oddiy fidoyisigacha yaxshi bilardilar. Shul bois har tomonlama qulay, mustahkam bir oshyonni koʻzlab turardilar va oʻshanday joyni topmoq umidida hufiyalar tinmay izgʻirdilar. Ammo ularning sardori oʻshanday joyni allaqachon moʻljalga olib qoʻygandi-bu Alamit togʻidagi Alamit («Lochin ini») qal’asi edi.

Alamit juda qadim qal’a boʻlib, ayni damda ham unda anchagina odamlar hayot kechirardilar. Qal’a ahlini uning qutvoli (komendanti) idora etardi. Alamit ulkan tik qoya ustiga qurilgandi. Bir yoni togʻning zabardast koʻkragiga tutashib ketgan boʻlsa, ikki tarafi goʻyo shamshir urilgandayin tekis tosh devorli oʻpqon yoxud jarlik edi. U qirlar uzra yastangan vodiyga tutashib ketgan, tepadan hammayoq misoli kaftdagidek yaqqol koʻrinib turardi. Qal’aga eltguvchi faqatgina bitta yoʻl bor ediki, uning ham bir yoni tik qoyalarga tutashgan boʻlsa, boshqa tomoni hali aytilgan mengiz jarlik edi.

Qal’aning ichkarisi Ollohning ajib moʻ’jizasi, u bu ma’voni nedir bir tadbirni rejalab yaratgandir, degan xayolga solguvchi sirli makon edi. Hamma narsa oʻz oʻrnida-qalin qilib qurilgan tosh devorlari bagʻoyat mustahkam, binolari ham ikki-uch qavatli, koʻrkam. Undagi xonalar tarxi puxta hisob-kitob ila tuzilganligi sababli bironta daricha yoxud burchagi koʻzga nobop, xunuk tashlanmaydi. Unda uchta yirik xosxonalar ham boʻlib, ularning biri masjid, qolganlari esa taqi boshqa marosimlar uchun moʻljallangan edi. Ularning oʻrtasidan koʻtarilgan baland minora osmonga sir aytayotgandek koʻrinadi. Aniqki, qal’a hovlisining sathi tosh edi. (Togʻ ustida joylashgan axir.) Lekin tartib ila oʻtqazilgan turfa ogʻochlar qad rostlab, koʻm-koʻk boʻlib turardi. Ularga diqqat qilib qaralsa, osti tuproqli ekanligi koʻrinadi, ya’ni toshning ma’lum qismi oʻyilib, pastdan tufrogʻ olib chiqib, toʻldirilgan va oʻshal tufrogʻ bagʻriga nihol qadalgan edi. Shu usulda gullar ham ekilgandi.

Qal’a uzra togʻning koʻksi turgani bilan uning hovlisiga quyosh nurlari baralla yogʻilardi. Muntazam esib turguvchi yel uning iqlimini nihoyatda bahavo tutardi. Alamit tagʻin shu sifati ila ham moʻ’jizakor ediki, uning bagʻrida shitob sizib turguvchi buloq, shifobaxsh chashma bor edi. Toshlar koʻksini yorib chiqqan ana oʻsha buloq tufayli qal’a ahli vodiydan suv tashib keltirmas, undagi hayot barqaror boʻlib, gulu ogʻochlar yashnab turardi. Buloq suvi qishin-yozin toʻxtamas, ehtimol shuning uchunmi, odamlar uni muqaddas bilib, ixlos ila topinardilar, turli irim-sirim marosimlarini ham oʻtkazib turardilar. Alamit kuch ila yiqib yoxud olib boʻlmas poydor makon, metin yangligʻ qal’a edi. Ismoiliylar ham uni puxta bir tadbir yoxud hiyla ila egallamoq mumkin ekanligini yaxshi fahmlardilar...

Nihoyat bir kuni Alamit poyidagi vodiyning qishloqqa yovuq chetida omonat koza (qamish chayla) va unda janda kiygan darvesh paydo boʻldi. Darvesh xiyol bukchayib yurganidan yelkasida goʻyo bukri bordek tuyulardi. Ehtimol xokisoru aftodahol koʻrinish uchun shunday qilarmidi. Soqol-moʻyolabi siyrakroq, oq aralash-kulrangmonand. Ichida xastaligi borligidanmi, yuz koʻzi sargʻimtil, siniq. Ammo nigohi oʻtkir, kishiga qattiq tikiladi. Uni yaqin atrofdagi qishloqlar ahliga karomatgoʻy valiy qilib koʻrsatgan ham eng avvalo oʻshal nigohi boʻlsa ajabmas. Chunki koʻzlarida kuchli tafakkur, teran shuur balqib turganga oʻxshardi.

Darvesh el koʻziga tarkidunyo qilganday koʻrinib, tunu kun chindan ham zikru ibodat ila mashgʻul boʻlgani bilan taqi oʻzga muddaosi-yu koʻzdan pinhon surati-da bordek edi. Boisi goho, ayniqsa, kechalari uning yoniga bir necha odamlar kelib turardilar va allanimarsalar tashlab ham ketardilar. Ayonki, bu tashriflar oʻzgalar nazaridan yashirin tarzda boʻlardi.

Asta-sekin bu parhezkor banda-darveshga ixlos qilib, nazr-niyoz keltirguvchilar, dardini aytib najot soʻraguvchilar, duo tilaguvchilar paydo boʻla boshladi. Kishilarning bundayin munosabati darvesh uchun ayni muddao edi-chindan ham el nazdida avliyoga aylanib borardi. U allaqancha donish kitoblarni xatm qilgan, Kalomullohdan bahra olgan sohibi ilm boʻlganligi bois ixlosmandlarga munosib soʻz aytmoqlikni ham mohirona uhdalardi. Har lafzidan hikmat, harakatidan karomat yogʻilardi. Ziyoratchilar huzurida maqsadsiz yoxud ma’nosiz biron sa’ay etmasdi.

Bu orada u Alamitga eltguvchi yoʻldan ogoh turar, unga kim chiqib, kim tushayotganligini zimdan kuzatardi. Buning ustiga, ismoiliylarning tarafdorlari qal’a ichra ham tobora ziyodlashib borardi. Ular ahli qal’ani ustalik ila oʻz mazhablariga tashviq etardilar, gʻoyibona imom haqida ogʻizlarini toʻldirib soʻzlardilar. Bularning bari qal’ada ismoiliylarning mavqeini oshirib, ilkini baland qila boshlagandi. Vodiydagi darvesh esa jami voqeotlardan voqif turardi. Voqiflik uning oʻziga boʻlgan ishonchini ziyoda qilar, kuchiga kuch qoʻshardi. Unga sari qal’a qutvolini tobora vahmu tahlika iskanjaga olar, u qal’ada oʻzining inon-ixtiyoridan tashqari nelardir sodir boʻlayotganligini sezar, sohiblik maqomi tanazzulga yuz tutayotganligini his qalardi. Biroq chorasiz, yanada aniqrogʻi, jur’atsiz edi.

Muddat yetib, vodiydagi darveshdan qal’a qutvoliga kishi keldi va uni chorlayotganligidan xabar berdi. Qutvol el aro karomatgoʻy nomi ila tanilgan avliyo darvesh haqida eshitgan va goho ruhan toliqqan mahallari unga gʻoyibona ixlos ila talpinardi ham. Qalbini vahmu qoʻrquv qamragan ayni damda uni darveshning oʻzi chorlayotgani karomatday, bir nimarsalarga ishoratday tuyuldi. Oʻshal ishorat qanot boʻlib, jandapoʻshli avliyo huzuriga uchib keldi. Undan bir mujda umidvor boʻldi.

-Qal’ani tark etursen.-dedi dab-durustdan darvesh unga qattiq tikilib. -Evaziga uch ming dinor olursen.

Qutvol unchalar hayratga ham tushmadi, chunki ne hodisadir sodir boʻlmogʻini, qal’adan rizqu nasibasi uzilib borayotganligini sezgandi. Lekin voqealar bunchalar shoshilinch rivoj topmogʻini kutmagandi. U avliyoga ishonqiramay boqdi.

-Katta karvonsaroyning gʻilay sohibiga yoʻliqursen va u murodingni hosil qilur.-dedi darvesh uning nigohidagi savolni uqib.

Qutvolning itoat etmoqdan oʻzga iloji qolmadi. Shitob qal’aga qaytib, koʻch-koʻronini yigʻdi-yu, shaharga yoʻl oldi. Darvesh aldamagandi-karvonsaroy xojasi unga uch ming dinorni soʻzsiz tutqazdi. Shu-shu qutvol gʻoyib boʻldi.

Ertasiga darvesh qal’aga koʻchib oʻtdi va xojalikni oʻz ilkiga oldi. El aro esa sirli darveshning donoligini, gʻoyib boʻlgan qutvolning tentakligini ifoda etguvchi rivoyat tarqaldi: emishki, avliyo darvesh qal’a qutvoliga «menga qal’angdan bir echki terisining orasicha joy bersang bas, duoi joningni qilib yashardim», debdi. Qutvol uning bu gapiga rozi boʻlibdi. Darvesh esa bitta echki terisini olib, ingichka qilib qiyibdi-da, paydo boʻlgan qayish iplarni bir-biriga bogʻlab chiqibdi va tun boʻyi haligi ip bilan qal’a devorini oʻrab, qal’ani goʻyo xalqa ichiga olibdi. Ertasiga qutvolni chorlab, «Mening echkimning terisi orasiga butun qal’a sigʻdi, xolos», debdi va ikki uchi qal’a darvozasida tugilgan qayish ipni koʻrsatibdi. Tilidan tutilgan qutvol bir kechada gʻoyib boʻlibdi.

Bu uydirma edi, albatta. Biroq ismoiliylarning Alamit qal’asini egallaganliklari rost edi. Endi ular oʻzlariga mustahkam boshpana, makon topgan edilar. Shu-shu sirli Alamit qal’asining dovrugʻi yetti iqlimga yoyila boshladi...

2

Ismoiliylar ichra tuzilgan ayru bir jamoat-fidoyilarning chiniqmoq va jangovorlik borasidagi turfa mashgʻulotlari Alamitga koʻchib oʻtilgach yanada kuch oldi. Ular tinimsiz jismoniy tayyorgarlik, yemakxoʻrlik va ibodat ila band boʻlardilar. Goho esa «Jannat» hurlarining ehtiroslari olovida qovrilardilar va uzoq-uzoq vaqt mobaynida, ayniqsa, ogʻirdan-ogʻir mashqlardan xorganlarida oʻsha hurlar xayoli ila yashardilar, ularni sogʻinardilar. Ana shunday damlarda ularning nigohlari darrandalar yangligʻ bir vahshatli tus kasb etardiki, ularga risoladagi kimsaning koʻzi tushsa yuragi yorilmogʻi tayin edi. Shul kabi ular bunday kezlarda har qanday fidolikka, ta’bir joiz boʻlsa, vahshiylikka hoziru qodir turardilar. Chunki jonlaridan judo boʻlsalar albatta bir necha bor koʻrganlari oʻshal «jannat»ga tushmoqliklariga ishonardilar hech koʻrsa shunga umid qilardilar.

Mahmud ham «fidoyilar» orasida edi. Uning kuch yogʻilgan bilaklari bir necha norgʻul yigitlarni yiqmoqqa qodir edi. Bu ismoiliylar peshvolarining nazaridan pinhon qolmadi va uni xos navkarlar safiga oldilar. Har bir «fidoyi»ning oʻziga munosib laqabi bor edi. Shu odatga binoan Mahmudga kaltakesak deya nom berdilar. Unga bu nomni ismoiliylar sardorining aynan oʻzi hadya etdi.

Uni sardor huzuriga olib kirdilar. Nimqorongʻi xonaning toʻrida qal’aga ilk bora kirib kelayotganida koʻrgani, vodiydagi koʻpchilikning tiliga tushgan oʻshal darveshmiz (olti oyoqli stolchaga) suyanib oʻltirar, faqat endi uning egnida jandapoʻsh yoʻq edi. Ammo baribir juda xokisor kiyingandi. Uning ikki yonida ikki bahaybat qoʻriqchisi tik turardilar.

Mahmud roʻparasidagi xojaning ilk soʻzidanoq uni taqi bir karra tanidi-bu axir Qazvindagi qoʻrgʻonda, parda ortidan kelgan ovoz-ku. Ha, aynan oʻzi! Demak, oʻshal ovoz sohibi-yu vodiydagi darvesh va mana bu sardor bir odam ekan-da. Biroq Mahmud endi butunlay oʻzini yoʻqotmadi, chunki u soʻnggi voqealar va koʻrgiliklardan keyin ancha sovuqqon boʻlib qolgandi.

-Isfahon rasadxonasidan kelmish sangtarosh turk-oʻgʻiz senmusen?-deya soʻradi xirilloq ovoz.

-Ha. -dedi Mahmud hissiz sas ila.

Xoja Mahmudga qattiq tikilidi. Uning qiyofasidan nimarsalarnidir uqmoqqa urindi chogʻi. Ehtimol shu turishida bul savodsiz sunniy turkdan ismoiliylarga biron naf kelish yoki kelmasligi haqida, turkldar fe’lidagi jangarilik, tik soʻzlash yomon oqibatlarga roʻbaroʻ etmogʻi mumkinligi xususida oʻylagandir. Aslida-ku har bir «fidoyi»ning fe’l-atvori borasida maxfiy kishilar xojaga muntazam xabar yetkazib turardilar-kuya. Demakki, xoja Mahmudning xoʻyidagi bangixayollilik oʻy ila uzoq-uzoq qimir etmay oʻtirishlaridan ham boxabar edi. Hozir ham koʻzlari ichiga botib, qaboqlarida qorongʻulik paydo boʻlgan yigit boshini yelkasiga xiyol tortgan koʻyi tek turardi.

-Sen oʻljasini uzoq-uzoq poylab, unga bexato hamla qilguvchi kaltakesakni yodga solding. Demak, sening noming Kaltakesak boʻlgʻay. -dedi xoja nihoyat undan koʻzini olib.

Mahmud biron soʻz demadi, hatto qiyofasida ham hech bir oʻzgarish sezilmadi...

«Fidoyilar» chindan ham oʻz xojalari, maslaklari uchun jonlarini fido etmoqqa hamisha hozir edilar. Xoja esa... U bagʻoyat sirli va qattiq intizom sohibi edi. Oʻsha kezlari bir kuni Alamitga ajnabiy sayyohni keltirdilar. Soch-soqoli oʻsgan bu odam gʻayridin edi, oʻzini Andalusiyalik (Ispaniya) deb tanishtirdi. (Bu mashhur sayohatchi Marko Polo edi.) Uni xojaning huzuriga olib kirdilar. Ikkisi anchagacha suhbatlashdilar. Sayyoh qal’ada bir necha kun qolib ketdi, xojaning ijozati ila undan hech nimarsani pinhon tutmadilar, qal’ada mavjudki ne boʻlsa, koʻrsatdilar. Kim biladi, sirli xoja nomi olamga doston boʻlishini, tarix qatlarida sobit oʻrin topmogʻini istab shunday qilgandir. Har tugul biron sabab ila qal’aga kirib qolgan begona kishi yo bir umr oʻsha yerda qolib ketardi, yo... Tirik chiqmogʻi esa mahol edi. Bu sayyoh Alamit xojasinin saxovatidan bahramand boʻla-boʻla, nihoyat qal’ani tark etmoqlikka ijozat oldi. Xoja uni kuzatarkan, oʻz kuchini, «fidoyilar»ning sadoqatini namoyish etmoqni istadi: u sayyohga koʻrsatib, qal’a devori ustida turgan soqchiga «oʻzingni tashla», deya ishorat qildi. Soqchi bir siltandi-da, «Ollohu akbar» xitobi ila oʻzini jarga otdi...

Bu sirli darvesh, endi esa Alamit xojasi, ismoiliylarning sardori Hasan Sabboh edi...

Uchinchi bob

1

Toʻla ismi Hasan ibn Ali ibn Muhammad ibn Ja’far ibn al Husayn ibn Muhammad ibn as Sabboh azim Ray shahrida tavallud topgan edi. Uning naslu nasabi, Yaman podshohlaridan boʻlmish xammoriylar qavmiga borib taqalardi. Oʻzining sershovqin katta borzrlari va usta hunarmandlari ila mashhur tujjorlar maskani boʻlmish Ray bagʻoyat ulkan shahar edi. Shu bilan birga u ismoiliylarning asosiy makoni sanalardi. Sunniy sulton Mahmud Gʻaznaviy Rayni tiz choʻktirib, gʻorat qilgach, bu shahri qadim xarob bir ahvolga keldi. Ismoiliylar ham bir necha yillar yashirinishga, harakatlarini susaytirishga majbur boʻldilar. Movarounnahru Xuroson va Eron zaminlari Gʻaznali Sulton mahmud izmida qoldi. Bu voqeotlardan soʻngroq, Ismoil qavmi taqi bosh koʻtara boshlagan damlarda dunyoga kelgan Hasan goʻdakligidanoq ilm talabida boʻldi. U barcha ilmlarga qiziquvchan va havasga sazovor gʻayrat-ishijoat sohibi edi. Avvaliga diniy ilmlarga koʻngil berib, Qur’onu hadis va shariatu sunnatni oʻrganmoq payida boʻldi. Oʻsha kezlari qalbida Olloh ishqi jo edi shekilli, mushtday boshi ila kitobdan ayorilmas, toat-ibodatda ham sobit edi. Toki oʻn yetti yoshga kirib, Amir Zarrob otligʻ odamga roʻbaroʻ boʻlmaguncha hayoti shu taqlid kechdi. Amir Zarrob oddiy hunarmand edi. Biroq oʻzicha ulugʻ bir ilmlar sohibi boʻlib, Misr xalifalarining mashabi xususida ogʻzini toʻldirib soʻzlardi. Avvaliga yosh Hasanning qalbini vahm bosdi va Amir Zarrobning ba’zi faylasufona fikrlarini goho inkor ham etib qoʻyardi. Ammo yuragining allaqayerlarida ustuvor boʻlmish oʻsmirlarga xos yangilikka tashnalik, qiziquvchanlik uni Misr faylasuflarining oʻzgacha nazarlariga tobora bandi qilib borardi.

Oʻsha kunlari u ogʻir hastalikka chalindi, butun tanasini yara-chaqa qopladi. Tunlari uyqusi buzilib, alahsirab chiqar, koʻziga ne balolar koʻrinib, dod solardi. Buni u oʻzicha tushundi: kunim bitgan koʻrinadur, endi men chin haqiqatni anglamay, Haqqa yetishmay, halokatga mahkumman, deya oʻyladi. Kechalari tinimsiz istigʻfor aytarkan, Amir Zarrobning yoʻli eng toʻgʻri, Ollohga, ulugʻ ajrlarga olib borguvchi yoʻl ekanligiga iymon keltirib borardi... Nihoyat kun kelib, hastalikdan forigʻ boʻldi, biroq yuzidagi va butun tanasidagi yaralarning oʻrni bilinar-bilinmas dogʻga mengzab, yuzi zahillashib, yoqimsiz ahvolga keldi. U buni ham oʻzicha tushunib, oʻzga ma’nolar berdi. Shu tariqa ismoiliylar safiga kirib, Qur’on tutib, shu yoʻlda sodiq qolishlikka qasam ichdi. U sunniylikning barcha sifatlarini, oʻz mazhabidan farqlanuvchi tafovutlarini inkor etmoqqa odatlandi va bu borada dalillar qidirmoqqa tushdi. Ayni shu yoʻlda maslakdosh kishilarni qidirdi. Unga sayin ismoiliylar orasida Hasan Sabbohning nufuzi ortgandan ortib boraverdi. Biroq u hamisha yoʻlda edi va eng toʻgʻri yoʻlni izlashdan toliqmadi. Oʻzini pinhona yoʻlchi deb atagan bu odam olis manzillarni koʻzlab turar, oʻz nazdida, yetishmogʻi muqarrar boʻlgan oʻshal manzillar uni shon-shuhratga burkab, ulugʻ xojalik maqomiga sohib etmogʻidan umidvor edi. U bunga ishonardi va qalbidagi bu ishonch unga kuchu iroda, oʻz maqsadi yoʻlida sobitlikni hadya etardi. Oʻzining boshqalardan farqli ekanligini ham sezar, tole yulduzi yuksak ma’volarda turib, hozircha pinhona, faqat oʻzigagina nur sochayotganligini payqardi. Hammasini sezardi, bilardi, shuurida ulugʻ reja, koʻnglida barqaror umid yashardi, ammo hali oʻzining aniq yoʻlini topa olmasdi. Buning uchun unga nedir, favqulodda bir nimarsa, ogʻochlar boshini tebratgan shamol, hech qursa, shabboda mengiz turki- sabab lozim edi.

Hasan Sabbohning ismoiliylar orasidagi obroʻ-martabasi kun sayin ortib borardi. U endi oʻz yurtidagi qavmdoshlarining peshvolari qatoriga kirib qolgandi. Ammo yoʻlchi bundan qoniqmasdi, hali oʻzi zabt etmagan, qachondir zabt etmoqni orzulagan manzillarga intilardi. Shu tariqa Misr safariga otlandi. U yerda avvalo bilim izlamoqni, dunyo tafakkurining qaymogʻi yigʻilgan bu qadim yurtda saboq olmoqni va qolaversa, ismoiliylarning eng boobroʻ sardorlari ila tanishuvni niyat qildi.

Ismoiliylar gʻoyibona imom Mahdiyning kelishini hamisha orziqib kutardilar. Bu hol, ayniqsa, Misrda, shia mazhabidagi kishilar panoh topgan makonda yaqqolroq namoyon boʻlardi. Goho oʻzini Mahdiy deya ovoza qilgan savdoyilar ham uchrab turardilar. Shu yangligʻ vasvasalar asnosida u yerda Fotimiylar halifaligi bunyod etilgandi va ularning Islomga, olamga munosabatlari ismoiliylarning munosabatlariga uyqash edi. Ayni damda fotimiylar dargohida ismoiliylikning kuch olmogʻi va obroʻ topmogʻi uchun juda qulay sharoit vujudga kelgandi. Chunki fotimiylar ham ismoiliylikni shia mazhabidagi eng oqilona va toʻgʻri yoʻl, deb bilardilar, shu kabi, ularning shialikni taraqqiy ettirib, olamga kengroq yoyilishiga koʻproq hissa qoʻshmoqliklariga umid qilardilar.

Biroq Hasan Sabboh Misrga yetib kelgan vaqtda fotimiylar oʻzlarining avvalgi kuch-qudratlaridan mahrum boʻlib bormoqda edilar. Shunday boʻlsa-da, u ilm talabida Misrdagi eng mashhur madrasa va masjidlarda va’zlar tingladi, saboqlar oldi. Olimu faylasuflarning Qur’on, hadisu fikh, sunnatu shariat haqidagi, shialik tarixi xususidagi va umuman Yaratuvchini anglash borasidagi gʻoyat ta’sirchan fikrlarini jon qulogʻi ila eshitdi. Ehtimol ana oʻsha kunlari u oʻzining butunlay yangi ta’limotiga asos solgandir. Balki keyinchalik Hasan Sabbohga kuch-qudrat va shon-shuhrat baxsh etgan sirli boshquruv tizimining ibtidosi oʻshanda xayoliga kelgandir. Har qalay u kundan-kun oʻzgarib, qat’iyatlilik sari evrilib, bir fikrga kelib borardi.

Bundan tashqari, fotimiylar davlati ham tobora yemirilib, oʻz qudratini yoʻqotib borayotganligini, uning ilkida boʻlgan koʻplab kentlar oʻzga hukmdorlar tasarrufiga oʻtib ketayotganligini anglamoqda edi. Ayniqsa, saljuqiy turklarning shashti baland ediki, ular dunyoga sohiblik da’vosini qilardilar. Fotimiylar ixtiyorida boʻlgan Shom va Falastin oʻlkalari allaqachon saljuqiylar ilkiga oʻtib ketgandi. Endi bu bashar qavmidan boʻlmagan galalar oʻzga manzillarni ham koʻzlab turardilar. Ha, Hasan Sabboh turklarni odam emas, jin, iblis qavmidan, deb bilardi. Zero jinlar va iblis Odam alayhissalomdan ilgari ham bu dunyoda mavjud edilar. Ularning mislsiz qudrati, ustomon va botadbir ekanliklarini shundan deb bilardi. Sabboh taqi shuni ham anglamoqda ediki, uning qavmi, ya’ni Eron ismoiliylari payti kelganida fotimiylarga tayanishlari mushkul edi. U Misrda bir yarim yil yashab, shuni tushunib yetdi. Demak, endi umid faqat va faqat oʻzlaridan. Olamni larzaga, bani basharni qoʻrquvga solishi mumkin boʻlgan barqaror va mustahkam bir idora usulini yaratmogʻi lozim. U bunga qurbli, illo oʻshal sirli saltanatning dastlabki binolarini xayolan bunyod etayotganligi ham rost.

U shu yoʻlchiligi asnosida nihoyat Mifni tark etdi. Bir muddat sarsonliklardan soʻng saljuqiylarning yetti iqlimning bosh kenti boʻlmoqqa da’vo qilib turgan dorussaltanati Isfahonga yetib keldi. Unda sulton Malikshoh endigina taxtga oʻltirgan paytlar edi. Davlatni mashhur donishmand vazir Nizom ul Mulk idora etardi. Sabboh vaziri a’zam koʻmagida avon (devon xizmatchisi) boʻlib xizmatga kirdi, saljuqiylar davlatining idora usulini oʻrganmoqqa jahd etdi.

Bu ham ziyon qilmas, chunki bu qudratli davlatning idora usuli-devon boshqaruvi ham nihoyatda mukammal edi. Uni vaziri a’zam barpo etgandi. Qalbida oʻzga orzulari boʻlgan Hasan Sabboh havas va goho hasad ila davlat yumushlarini oʻrgana boshladi. Vaziri a’zam ila oralarida xiyla oqibat, toʻgʻrirogʻi, iliqqa moyil munosabat paydo boʻlganda ham koʻnglidagi qora niyati yoʻqolmadi, bilaks sobitlashib boraverdi. U tobora ulgʻayib, Nizom ul Mulkning ta’siri tufayli chinakam hukmdor nuqsiga kirayotgan Malikshohning fe’li-xoʻyini taftish etarkan, uning shonu shavkatiga boqarkan, kun kelib, ismoiliylar saltanati ham shundayin nufuzga ega boʻlib, barqaror hukumat oʻrnatishlarini dil-dilidan istardi. Filhaqiqat, bularning idora usuliga va uni bunyod etgan vaziri a’zamning aqliga tan bermay iloj yoʻq. Har bir devon mustaqil ish yuritgani va sultonga, vaziri a’zamga itoat etib, ulargagina hisob bergani kabi bir-birlarini nazorat ham qilardilar. Ayni shu tartib vaziri a’zamning ustuvorligini ta’min etardi... Hasan Sabboh bu nimarsalarni tezdagina fahmladi. Shundan soʻng, favqulodda tafakkur sohibi boʻlmish sergʻayrat va xiylakor bu odamning dilini oʻzga bir reja band etdi: u sulton va vaziri a’zam oʻrtasidagi ishonchu doʻstlikka zarba berib, buyuk saltanatni ichidan yemirmoqlikni niyat qildi. Buning uchun avvalo sulton Malikshohning ishonchiga kirmoq darkor edi. Biroq vaziri a’zamni mahv etmay, bunga musharraf boʻlmoq dushvor edi.

Hasad! Bashariyat boshiga ne-ne shoʻrishlarni yogʻdirgan, ulugʻ rejalarni sarobga aylantirib, goʻzal tadbirlarni abas etgan, buyuk tafakkur sohiblarini sarsonu sargardon, ochu nochor qilib, oxir oqibat jununlar yurtiga fuqaro tutgan, bir soʻz ila aytganda, jamiki yovuzliklarga doya, ezguliklarga kushanda boʻlgan mana shu hasad otligʻ baloi kabir edi. Sabboh ham oʻshal baloga mubtalo edi. U qulay fursatni poylar va fursat yetdi deguncha vaziri a’zamning oyogʻiga bolta urmoqqa shay turardi.

Nihoyat oʻshal fursat yetdi. Hasan Sabboh bir kuni sulton qoshida bosh egib, xushomad ila dedi:

-Saltanatingiz bagʻoyat sarhadsiz, olampanoh. Aning tasarrufini olmoq, hisob-kitobini tartibga solmoq mushkul. Buning uchun davlatning sarfu xarajatlarini bir boshdan taftish qilib, hisob etmoq zarur. Ana undan soʻngra, ya’ni barcha kirim-chiqimlardan boxabar boʻlingach, keyingi ishlardan hamisha ogoh turib, tadbir ila nazorat etmoq mumkin boʻlur.

Sulton avvaliga uning soʻzlarini xushlamayroq tinglayotgan edi, soʻngroq esa ma’nili gap aytayotgandek tuyuldi.

-Xoʻsh, ne qilmoq lozim deb oʻylaysen?- dedi u «qani, gapirchi» ohangida.

Hasan Sabboh bir qur taraddudlanib oldi-da, muteona dedi:

-Vaziri a’zam hazratlariga amr etilsa, tokim ul zot peshvoligida buyuk davlatingizning jamiki sarf-xarajatlari hisob-kitob qilinsa. Andin soʻngra qolgan yumushlar tadorigini koʻrsa boʻlur.

Yosh sultonning koʻnglida evrilish paydo boʻldi-yu, Hasan Sabbohning muddaosiga qiziqib, oʻzida unga nisbatan ojizona mayl sezdi. Shul bois zudlik ila vaziri a’zamni huzuriga chorladi.

-Saltanatingiz mislsiz buyuk va ulkandir, sulton hazratlari. -deya gap boshladi vaziri a’zam oʻktamlik ila. -Aning hisobini olmoq, yanaki taftish qilmoq uchun kam deganda bir yillik fursat zarur, olampanoh. Menimcha, bu borada viloyatlar hokimlarining lafzu iymoniga inonmoq kifoyadur.

Sulton hali gʻoʻr va shul kabi, toju taxt sururining sarxushligidan mosuvo boʻlib ulgurmagandi. Shuning uchun donishmand vazirining soʻzidan ham qanoatlanmay, «Xoʻsh, sen ne deysan?» deganday Hasan Sabbohga boqdi.

Hasan oʻz muddaosiga yetmoq uchun payt gʻanimat ekanligini fahmladi-yu xushomad otini jadallatib, soʻz aytmoqqa tushdi:

-Agar muslimlar haloskori, olamlar hukmdori sulton hazratlari ijozat bersalar, men bu yumushni qirq kunda uhdalagum.

Vaziri a’zam bir sultonga, bir Hasanga boqdi-yu, indamadi.

-Ijozat!-dedi Sulton tantanavor ohangda.

Hukmdorning amri vojib- shu kundan boshlab Hasan Sabboh ishga kirishib ketdi. Yuragida esa Nizom ul Mulkni tezroq mahf etib, uning oʻrnini egallamoq, sulton ishonchini qozonmoq rejasi bor edi. Ayni shu niyati unga kuchu gʻayrat bagʻishlar, aslida ham u oʻtkir aql sohibi boʻlib, oʻz maqsadi yoʻlida har ne zahmatdan qaytmaguvchi edi.

Albatta, vaziri a’zam ham gʻabiy (ahmoq) emasdi. Oʻsha kuniyoq Hasan Sabbohning shum niyatini payqadi. Payqadi-yu aksil tadbir tuzmoqqa tushdi...

Nizom ul Mulk oʻzining ishonchli chuhrasini chorlab, uning ilkiga bir miqdor aqcha berdi-da, Sabbohning chuhrasi ila doʻst tutinmoqni buyurdi. Achqani esa ham oʻzi uchun va ham doʻst tutinishi lozim boʻlgan chuhra uchun sarflanishi. Zarurat tugʻilsa, taqi aqcha bermogʻini aytdi. Kambagʻal kishilar tez til topishadilar va ular aqchaga hamisha muhtojlik sezadilar, yanaki aqcha deganlarining oʻz sehru jodusi ham bor.

Hasan Sabboh chindan ham kuchli shuur va salohiyat sohibi edi-u oʻshal mushkul yumushni aytilgan muddatda nihoyasiga yetkazdi. Biroq vaziri a’zamning tadbiridan bexabarligi bois gʻaflatda qoldi: oʻz chuhrasi vaziri a’zam chuhrasining soʻzi ila uning hisob-kitob qogʻozlari orasidan eng zarur bir necha sahifasini oʻgʻirlab qoʻydi. Turgan gapki, bu nimarsa sulton huzurida oshkor boʻldi-da, ishdagi chalalik tojdorga adabsizlik boʻlib tuyuldi. Shu ondayoq Hasanni quvib soldi. Qattiq haqoratlangan, izzat-nafsi poymol etilgan Hasan Sabboh shu-shu avvalo Nizom ul Mulkning, undan soʻng sulton Malikshohning ashaddiy gʻanimiga aylandi, qalbida soʻnmas qasos otashi alanga oldi.

U chuhrasining xiyonatini payqadi-yu, uni boʻgʻib oʻldirdi-da, oʻsha kuniyoq Isfahonni tark etdi...

2

Hasan Sabboh shahar tevaragidagi qishloqlarda qachonlardir tanishgan kishilarining xonadonlarida bir qancha fursat yashirinib yurdi. U kutilmagan zarba tufayli endigina oʻnglanib borayotgan taqdiri yoʻlidan tuyqus ogʻib ketganligi bois oʻzini yoʻqotib, anchagina dovdirab qoldi. Oylab, yillab tuzgan rejalari, muzaffariyat ilinjida qilgan oʻylari dab-durustdan abas boʻlganday, endi bu poymollik umidlariga va hatto umriga intihoday tuyulib, vasvasaga tushdi. Ana oʻsha vasvasa, tahlika ogʻushida oʻzi qoʻnim topgan xonadon sohiblarining ham yuraklarini yorgulik gaplarni aljirab yurdi. Hufiya bir tariqat, firqa tuzib, jin qavmidan boʻlmish anovi saljuq Malikshohni va uning yuvuqsiz murshidi Nizom ul Mulkni mahv etmoq xususida vahimali soʻzlarni aytaverdi. U oʻz soʻzida qat’iyatli edi va aytayotgan gaplarining uhdasidan chiqa olmogʻiga jonu jahonu ila ishonardi, zero u bunga chindan-da qurbli edi. Biroq ayni damda qoqilgani, hamyoni aqchasiz va yolgʻiz boʻlgani, dilidagi ulugʻ rejalarini vasvasa ichra tiliga chiqarib yuborganligi bois tanishlari nazdida savdoyidek koʻrinardi. Shuning uchun oʻshal bir-ikki tanishi ham undan oʻzlarini olib qochib, tezroq qutulmoq payida boʻlib qoldilar. Qolaversa, ular buyuk saljuqlar hukmdorining hufiyalaridan, uning gʻazabidan xavotirga tushmoqda edilar.

Shundan soʻng Sabboh Qazvin sari, ismoiliylar makoni sari yoʻl oldi. U olis yoʻlda kechgan kecha va kunduzlarda, Qazvinga borib ham to oʻzini ruhan oʻnglab olguncha sulton Malikshoh, ayniqsa, vaziri a’zam ila xayolan koʻp bor bahs etdi. Oʻzining ulardan ustun ekanligini takror va takror isbotladi. Goho xayolan Nizom ul Mulkni bandi qilib, soʻroqqa tutdi, ming bir qiynoqlar ila azobladi, uni oʻldirishning turfa usullarini kashf etdi. Shu asno chindan ham aqldan ogʻishiga bir bahya qoldi. Uni bu ofatdan ismoiliylar aro tutgan mavqe-nufuzi saqlab qoldi...

Ana shunday vasvasaga tushgan kunlarining birida... Mana, yuvindixoʻr Nizom ul Mulkni kishanband qilingan holda uning huzuriga olib kirdilar.

-Nechuksan endi, qari sak? -deya soʻradi u gʻalaba nashidasidan boshi koʻkka yetib.

Biladi-ha, bu vazir deganlari oʻta mutakabbur kimsa, ancha-munchaga boʻyin egmaydi, illo uning oʻz maqomiga yarashiqli haybati bor.

-Men-ku hech yoʻq odamlarning ilkidan non yeguvchi sak ekanmen,-dedi miyigʻida kulib, magʻrur vazir. -Senchi sen?! Togʻ-toshlarda izgʻigan oʻlaksaxoʻr, yuzi kulrang shoqolmasmusen?

Ha, u shunday deya oladi, ishonchi komil.

-Tilingni tiy, turkiylarning yuvindixoʻri! Aks holda kesib, oʻshal shoqollarga yemish etgum.

Vazir baralla kulib yubordi.

-Sen adashgan sunniy oʻzing eroniy boʻla turib nechukki saljuqlarga xodimlik etursen? -deya gʻadabladi Sabboh.

-Islomga quvvat berib, ilmu urfonga homiylik qilgan buyuk saljuqiy sulton qolib, sen shoqolga xodim boʻlayinmu?! -Vazir qahqaha otdi.

-Men ismoiliylarning ulugʻ bir saltanatini barpo etmoqlikni niyat qilganmen, illo oʻshal saodatli kun yaqin.

-Tushlaringni Jayhun suvolariga oqiz, shoʻring qurgʻur! Sen oʻzing kim boʻldingu saltanating ne boʻlur?! Oʻlaksaxoʻr aslo lochin boʻlolmas, bilib qoʻy!

-Hammasiga sen!.. Sen aybdorsen, qari sak!.. Agar sen boʻlmaganingda, Malikshoh mening ilkimda edi, oʻz yoʻrigʻimga solmogʻim tayin edi. Afsuski sening hiylang tadbirimga dom soldi!..

Vazir yanada balandroq tovushda qahqah urib kulaverdi.

-Terisi shilinsin bu nobakorning. Tuz sepilsin! Soʻng qorni yorilib, boʻgʻziga qoʻrgʻoshin quyilsin!..

Bu uning Nizolm ul Mulk ila nechanchi bor toʻqnashuvi edi.

Endi u Qazvindagi ismoiliylar qarorgohida bosh ekan, ularning birikuvini tezlashtirib, qat’iy bir iznga solguvchi, soʻzsiz itoatga oʻrgatguvchi sirli tariqa xususida oʻylardi. Bu sirlilikka yanada kuch bermoq niyatida kishilar nazaridan oʻzini ola boshladi. Botiniylar deb atalmish uning qavmi oʻzlarini ismoiliylardan ayru koʻrmasalar-da, ular ichra xoslikka ega edilar.

Hasan Sabboh botiniylikni joriy etib, izmidagi kishilarga ta’lim berarkan (sadoqatli kishilari orqali), shuni uqdirardi:

-Olloh taoloni anglamoq, unga yovuq kelmoq, nihoyat yetishmoq uchun shuur va qalbning oʻzigina kifoya emas. Buning uchun pokdomon va taqvoli ustoz, imom-pir darkor. Toki jannatiy boʻlmoqlikni ixtiyor etgan odam tavakkul qilib, inonu qarorini ana oʻshal pirga topshirmogʻi, uning har bir amrini soʻzsiz bajarmogʻi lozim. Shunda, inshoolloh, imom uni koʻzlangan manzilga eltmogʻi tayin. Busiz oliy maqsadga yetmoq dushvor.

Hasan iznidagilarning ixtiyorini ilkida qattiqroq tutmoqlik uchun taqi bir sirli xiylani kashf etib, joriy qildi. Unga binoan tarrorlikka kirayotgan har bir er parda ortidagi suhbatga roʻbaroʻ etilardi. U yerda bay’at etgan eran jannat, undagi huru gʻilmonlar haqida va imomga sadoqat ila xizmat qilsagina oʻshal huzurbaxsh ma’voga yetishmogʻi xususida maroqli hikoyatlar tinglardilar. Soʻngra esa ularga pinhona ravishda afyun ichkizilib, aqldan mosuvo etilardi. Sarxush boʻlgach, hozirlangan «Jannat»ga eltilar va turfa huzur-halovatlarga oshno etilardi. Bir bora «Jannat»ga tushgan kishi uni qayta-qayta qoʻmsayverardi. Unga taqi qaytmoqlik esa faqatgina imomning ixtiyori ila boʻlar va buni fidoiylar juda yaxshi bilardilar. Makkor Hasan Sabboh uchun ayni shu nimarsa lozim ediki, iznidagilarning sidqu sadoqatlarini shu tariqa toblayverardi. Goʻzal «Jannat» xiyoli, afyunu nashaning ta’siri ularni zabonsiz, fikrsiz va itoatgoʻy jonzotlarga evriltirardi.

Sabboh Qazvindagi ismoiliylar mahallasi va undagi qoʻrgʻon ahlining sardoriga aylanib, qisqa fursatda oʻz «Jannati»ni ham barpo etdi. Mahmud ilk bor ana oʻsha chogʻroq «Jannat»da boʻlgandi. Lekin ismoiliylarning chor atrofini sirlarga toʻldirib tashlagan Hasan Sabboh oʻzini qavmini toʻfon balosidan saqlab qolgan Nuh alayhissalomdan kam bilmasdi. Shuning uchun u tunu kun xaloskor bir kema- mustahkam qarorgoh haqida oʻylardi. Bu orzu-oʻy uni Alamit qal’asi sari eltdi. Uzoq va puxta oʻylangan tadbir tufayli qal’ani ishgʻol qilgach, zudlikda mukammal «Jannat» tarhini hozirladi. Koʻp oʻtmay Alamit qal’asiga tutash taqi bir qasr mengiz bino bunyod etila boshlandi. Endi bu paytga kelib Alamit sardori magʻribu mashriqqa va hatto qudratli saljuqiylar saltanatiga ham dahl qilmoqda edi. Ayniqsa, atrof mamlakatlarning hukmdorlari, davlat arboblari ismoiliylarning tadorigidan tahlikaga tushib bormoqda edilar.

Oʻsha kunlari ojizroq bir xavotir yetovida va ehtimolki bu avbosh- (bebosh)larga qudratli hukmdorning qahrini koʻrsatib qoʻymoq rejasida sulton Malikshoh oʻzining xos amiri Arslon Tosh itoatidagi lashkarini Alamitga yoʻlladi. Yaxshi qurollangan saljuqiy qoʻshin qal’ani ikki oydan ortiq qamalda tutib turdi. Unga xujum qilmoq, ayniqsa, mustahkam darvoza va devorini buzib kirmoq imkonsiz edi. Buni Arslon Tosh yaxshi bilganidan oʻzgacha yoʻl tanladi: qamalda tutib turilgan ismoiliylarning oziq-ovqatlari tugab, och-nahor qoladilar va taslimlikni ixtiyor etadilar, deb oʻyladi. Filhaqiqat, qal’ada sakson chogʻli kishiga uzoq muddatga yetgulik yemish yoʻq edi. Shuning uchun ahli qal’a mardona turib, oʻlmaslik uchungina ovqat yedilar va koʻpincha ixtiyorlaridagi shifobaxsh togʻ suvidan ichib, nafslariga orom berib turdilar. Biroq taslim boʻlmoq haqida xayol ham qilmadilar. Nihoyat ochlik oʻz hukmini oʻtkaza boshlagach, hiylakor sardor yana bir tadbirni oʻylab topdi. Bir sodiq «fidoyi»sining ilkiga noma tutqazib, tunda qal’adan pinhona chiqardi-da, Qazvindagi ismoiliylar huzuriga joʻnatdi. Koʻp oʻtmay qazvinlik va atrof-javonib kentlaridagi ismoiliylar saljuqiy qoʻshinga shiddatli hujum uyushtirdilar. Natijada Arslon Toshdek mohir lashkarboshi bosh boʻlgan lashkar ham chekinmoqqa majbur boʻldi...

Shunday qilib, Alamit ismoiliylarning ishonchli va barqaror panohiga aylandi...

Muhammad Takash xiyonati bostirilgandan soʻng Nizom ul Mulk zindondan xalos etilib, Arslon Tosh qoʻshinining magʻlub qaytganini eshitgach, fursat topilganda Xayyomga shunday degandi:

-Masih Dajjol haqida eshitgan chiqarsen. Rasulilloh sallalolohu alayhi vasallamdan xabar berishlaricha, u oʻshal saodat zamonida (paygʻambarimiz davrida) dunyoga kelgan va ayni damda Yaman hamda Shom ummonining orollaridan birida zanjirband turarmish. -Vaziri a’zam oʻshanda ayanchli jilmaygandi ham, -Vaqti kelib, Isfahondan chiqadi deydilar. Bu battol Hasan Sabbohning ajdodlari asli Yamanlik, bir zamon oʻzi Isfahonda ham paydo boʻldi. Ehtimolki, shu Ibn Sabboh deganlari Masih Dajjolmi deyman-da! Faqat uning bir koʻzi koʻr emas xolos...

(Masih Dajjol -qiyomat boʻlishidan oldin odamlar orasida paydo boʻlguvchi, buyuk muhaddislar Paygʻambar alayhissalomdan deb xabar bergan rivoyatlarda keltirilgan yovuzlik timsoli. U paydo boʻlgach, dunyo yomonlikka toʻlib ketarmish. Asli u rasulilloh zamonasida tugʻilgan Ibn Sayyod otligʻ kimsa emish. Keyinchalik gʻoyib boʻlib, Yaman va Shom dengizi orollaridan birida zanjirband qilinganmish.

Muslim hazratlarining rivoyat qilishicha: «Dajjolning bir koʻzi koʻr (chap koʻzining ustini qalin teri qoplagan). Sochi qalin, bir-biriga buralib, yopishib ketgan. Uning jannati va doʻzaxi boʻladi. Uning doʻzaxi jannat, jannati esa doʻzaxdir».

Abu Nuaym Isfahoniy shunday rivoyat keltiradi: «Biz (otasining hikoyasi) Isfahonda oʻzimizga zarur nimarsalarni sotib olardik. Bir kuni yahudiylar oʻz qishlogʻida doiralar chalib, xursandchilik qilayotgan ekanini koʻrdik. Men oʻsha yerdagi tanishimdan nima gapligini surishtirdim.

-Shohimiz tashrif buyurdi. -deydi u. -Biz uning yetakchiligida arablar ustiga yurish qilamiz, ularni fath etamiz.

Soʻng tanishimning ayvonida tunab qoldim. Tongda turib, bomdod namozini oʻqidim. Quyosh chiqqanida ular tomonda yana chang-toʻzon koʻtarildi. Qarasam, boshi ustida rayhon qubbasi oʻrnatilgan bir kishi atrofida yahudiylar daf chalib, oʻyinga tushmoqdalar. Men haligi odamning Ibn Sayyod ekanini koʻrib qoldim. U shaharga kirdi va qaytib chiqmadi».)

Vaziri a’zam mutoyiba ila aytgan bu gapga oʻshanda Xayyom kulib qoʻya qolgandi. Biroq Hasan Sabboh chindan ham yovuz saltanat barpo etib, Alamitni uning markaziga aylantirgan edi. U hech qandayin Islomiy qoidalarni, shariat hukmlarini, musulmonchilikning asosi boʻlgan haliymlik, beozorlikni mutlaqo tan olmasdi. Yovuzlik hukmida toblangan niyat ila butun turkiy elga, aslida bani basharga qonli, hufiyona urush e’lon qilgandi. Ayni zamonga kelib, bu usta mutadbirning ilki istalgan ma’voga yetardi. Favqulodda aql va niyat sohibi boʻlgan bu odam favqulodda sirli hamda shundayin qudratli saltanat bunyod etib ulgurgandi.

Toʻrtinchi bob

1

Qazviniy yolgʻizlanib qoldi. Dorussaltanatda kechgan soʻnggi voqealar, saroydagi bahsu munozara va visir-visirlar uni tobora chetga suraverdi. Biron kimsa kelib, uning yelkasidan turtmagani bilan atrofidagi gʻayur nigohlar, orqavarotdan aytilgan paykon yangligʻ soʻzlar va ayniqsa, oʻz koʻnglidagi vahm uni chekkagir etib borayotgandi. Tanasidagi jarohatlar allaqachon bitib, sogʻayib ketgan boʻlsa-da, oʻzini loxas sezaverardi. Qoʻrqinchli tushlar koʻrar, ularda goho unga sulton vahshat ila qahr qilar, hammasidan ham, tushiga zindondagi darranda mengiz mahluq-barzangi kirganida choʻchib tushar, soʻng allamahalgacha uxlolmay vasvasa ichra toʻlgʻonib yotardi. Bu toʻlgʻonishlar, ular sabab boʻlgan uyqusizlik uning zohirini aftoda bir ahvolga keltirib, fe’lida ham ixtiyorsiz injiqlik paydo qilgandi. Har safar sultonga roʻbaroʻ kelganida titrab-qaqshab turar, nazdida, uni hozir-hozir jallod ilkiga topshiradigandek tuyulaverardi. Sulton uning xiyonatini sezgandi chogʻi, biroq nechukdir oʻz holiga qoʻyib, Ollohning yozigʻini kutayotgandek edi. Shul bois u goho uyqusiz tunlarida ibodatga zoʻr berib, sultonning qahridan panoh tilardi. Ammo bu gʻofil banda Ollohning qahridan qoʻrqib, istigʻfor aytish lozimligini, faqatgina tavba-istigʻforgina kishini poklab, Yaratganga yovuq qilishini bilmasdi. Ehtimolki shundanmi, shunchalik ibodat qilgani bilan qalbida mutlaqo halovat sezmas, hatto biron marta namoz va tahorat huzurini his etmasdi. Vasvasasi ortgandan ortib boraverardi.

Vaziri a’zam yoxud Xayyomga yoʻliqqanida esa faryod urib, ularning yoqasidan olmoqni, senlarga ne gunoh qildim, deya (bunday paytda bandaning oʻz gunohi yodiga kelarmidi) xoʻng-xoʻng yigʻlamoqni istardi. Ammo bu koʻrgiliklarning sababchisi oʻzi, manovi alpoziga bois esa oʻz vujudida kechayotgan vahm ekanligini tan olmasdi. Har safar Xayyom bilan uchrashganida, hoy, nomard, rasadxonaga xojasen, faloncha dinor maosh olasen, sulton hazratlarining ham, battol vazirning ham erkatoyisen, senga tagʻin ne kerak, hech yoʻq nazm peshvoligini menga qoʻy, meni hadeb ta’qib etaverma, deya hammasini aytib solgisi kelardi. Lekin bunga ichidagi nimarsadir monelik qilar, bu nimarsa haqiqatning gʻaybiy kuchi va qolaversa, oʻz qalbidagi qoʻrquv oʻshal monelik asosi ekanligini anglamasdi. Hech yoʻq Xayyom menga ne yomonlik qildi-yu qachon ta’qib etdi, deb xayoliga ham keltirmasdi. Adovat, hasad haddan oshganida, kishi koʻnglidagi gʻaraz, qarolik unga sohiblik da’vo qilganida mana shunday koʻrguliklar kelib chiqishini, vujudida savdo ortishining va oxir-oqibat misilsiz yovuzliklarga yoxud oʻzini ayanchli halokatiga eltishini u qayoqdanam bilsin!..

Boshimga tushgan bu baloi-ofatlarning asosiy sababchisi oʻshal kaltafahm kabutarboz Takashdur, deya yanib qolardi u goho. Agar u boʻlmaganida, taxtga da’vogarlik qilmaganida va yoki hech qursa, dovyurakroq, jur’atliroq boʻlganida bu shoʻrishlar boshimga tushmasdi. Chogʻing kelmas ekan, ne qilarding sultonlik da’vosini tutib, ey, xotunmijoz. Ibn Bahmanyorni-ku oʻldirib, falokatni aritdik, sultonning qahoridan omon qoldik. Endi sendan qanday xalos boʻlay? Boshingga tushgan azoblarga chiday olmay, tojdor ogʻangga meni ham sotib qoʻysang ne qilurmen? Yoki allaqachon sotib ulgurdimikin-a? Axir sulton menga bejo qaraydir-ku!.. Seni bir yoqlik qilmoqlikning mutlaqo iloji yoʻq. Ogʻang seni hamisha nazoratda tutmoqlikni amr etgan. U ham anoyi emas-sening uzoq-uzoq azoblanishingni, bu dunyoga kelganingga ming pushaymon yeyishingni istaydur. Aytishlaricha, senga savdoyilik xuruj qila boshlagan emish... Qazviniy shuni eslaydi-yu biroz yengil tortadi. Savdoyining soʻziga kim ham quloq turardi...

Filhaqiqat, zindonband etilgan va hamisha bir yoki ikki nazoratchining qarovida boʻlgan shoʻrlik Muhammad Takashning ahvoli ancha yomonlashgan edi. Uning sochlari oppoq oqarib, oʻzi esa ozib-toʻzib ketganlagini hisobga olmaganda ham ba’zan goʻyo kabutarlarini olqishlayotganday hayqirib qolishi, gohida esa qup-quruq kaftini oldinga tutib, goʻyo suyukli jonzotlariga don berayotganday harakat qlishi yurakka vahm solardi. Ba’zan boʻlsa, barmogʻidagi zabarjad uzugini boshqa barmoqlari ila oʻynagancha soʻzsiz xayolchan oʻltirar va tuyqus «Kabutarlarim, qani mening kabutarlarim?!», deb hoʻngrab yigʻlab yuborardi. Yigʻlay-yigʻlay birdan toʻxtardi-da, «Meni oʻldiringlar? Oʻldiringlar meni!», deya nola qilib qolardi. Biroq hech kim uni oʻldirmasdi, chunki ogʻasi sulton Malikshohning amri shunday edi.

Tutqunlikdagi shahzodaning bundayin ahvoli haqidagi mish-mishlar quloqma-quloq boʻlib Qazviniyga yetib kelgan edi. Shuning uchun u endi Takashning sotib qoʻymogʻidan unchalik xavotirlanmasdi.

Qazviniyning fe’li azali shunday edi: raqibiga yoxud biron mushkulotga hech qachon yuzma-yuz bormasdi, hamisha orqavarotdan ish tutmoqqa, barcha yumushlarini birovlar orqali bitirmoqqa odatlangandi. U raqibining oyogʻiga yiqilishi, unga yalinishi, yigʻlashi mumkin edi, biroq hech qachon tikka bormasdi, yonbosh yoʻllarni axtarardi. Bu nazmparast bolalikda ham shunday edi.

Qazviniyning bolaligi keyinchalik ismoiliylar shahriga aylanib qolgan Qazvinda kechgandi. Asli sunniylardan chiqqan padari juda mehnatkash odam boʻlib, usta kulol edi. Uni shaharda koʻpchilik bilar va hurmat qilardi. U oʻz taqdiridan rozi va tirikchiligiga qanoat hosil qilganligi bois yolgʻiz oʻgʻlining ham kulol boʻlmogʻini istardi. Biroq farzandini ming ba’d ustaxonaga tortmoqqa urinmasin, u bir kor etib, koʻchaga qochib ketardi. Koʻchada ham hech neni qoyillatmas, hatto mahalladagi bolalarning oʻyiniga-da yurakdan qoʻshilib ketolmasdi. Mahallasida devsifat bir chilangar boʻlguvchi edi. U asil pahlavon boʻlganidan kurashni bagʻoyat yaxshi koʻrar, mahallalarning bolalarini bir-birlari ila olishuvga solib, huzurlanardi. Bu bellashuvlarda barcha bolalar oʻzlarini chinakam muborizlardek tutsalar-da, Qazviniy hamisha chetda turar, biron baquvvatroq bolaning yoniga tushib, uni maqtar, xullas, bolalarni bir-birlariga gij-gijlashga usta edi. Buni pahlavon chilangar ham sezardi, chogʻi, «Sen nariroq tur, sendan muboriz emas, tilpolvon chiqadur», deya kulardi. Oqibat shunday ham boʻldi-undan na kulol va na polvon chiqdi. Kulolchilikdan qutilmoq niyatida otasiga oʻqiymen, deb turib oldi. Avvaliga mahalladagi maktabga, soʻngroq madrasaga qatnab yurdi. Ammo ilm bobida ham shashti haminqadar chiqdi. Bu orada bir-ikki nazmparastlarga roʻbaroʻ boʻldi-yu shoirlikka ishqibozligi ortdi. Shoir boʻlib, nomi olamga ketmasa-da, biron davlatmand yoxud amaldorlarni madh etib, tirikchilik oʻtkazish mumkinligini anglab qoldi. Mana shu «hunari», ya’ni maddohlik san’ati ortidan Qazvinni tark etib, falakning gardishini qarangki, dunyodagi eng ulugʻ hukmdor sulton Malikshohning saroyida turibdi. Kimsan shuaroning peshvosi-amirul shuaro edi, toki anovi yulduzparast Xayyom kelmaguncha. Hozir ham aslida amirul shuarodir, vale Sulton hamisha oʻshal nobakor Xayyomning ogʻziga qaraydur-da. Biroq qudratli saljuqiylar saroyida xizmat qilish uning yetti uxlab tushiga ham kirmagandi.

U azali gʻayur koʻngilli boʻlganidan, Xayyom timsolida faqat va faqat oʻz gʻanimini koʻrardi. Amirul fuzaloning aytar soʻzini-ku qoʻying, uning bitgan, atrofidagi muxlisu shogirdlari tufayli tilga tushgan har bir she’ridan ham xavfsirar, pinhoniy, goʻyoki oʻziga aksil ma’nolar axtarardi. Xayyom dunyoning bebaqoligi, umrning bevafoligi xususida xoʻb va koʻp bitadur. Ana oʻshal bitiklarida kulol va gil tamsilini moʻl ishlatganidan badgumon Qazviniy har bir kulolda padarini-yu gilda oʻzini koʻrardi. Dili qingʻir emasmi, biroz diqqat ila oʻqib, she’rda she’rni koʻrmoqqa jahd etsa, toʻgʻri anglamogʻi mumkin boʻlgan satrlardan oʻzicha turfa ma’nolar chiqarib olardi. Yana tagʻin bu shubhalarini Xayyomga shartta-shartta aytib solmay, oʻz ichini yeb, mingʻirlab yuraverardi. Bir safar ushbu ruboiyni saroydagi yosh shoirlardan birining lafzidan eshitib qoldi-yu oromini yoʻqotdi, tuni bilan uxlolmadi.

Bozorda bir kulol koʻrsatib hunar,

Bir boʻlak xom loyni tepib pishitar.

Loy ingrab aytadi: «Hoy, sekinroq tep,

Men ham kulol edim sendek, birodar.»

Bu she’rni eshitgach, shoir nomi boru shoirlik zavqidan mosuvo Qazviniy Xayyomdan oʻch olmoq qasdida nelarni oʻylamadi, ne rejalar tuzmadi deysiz. Biroq soʻnggi voqealar...

Mana, endi eng kami vazirlik da’vosida boʻlgan Qazviniy yolgʻizlanib, oʻz nazdida, hatto sultonning gumoni ostiga ham tushib turibdi. U har yoqlarga intizor va shul kabi xurkak boqib, bir ittifoqdosh, darddosh izlaydur. Ayni kunlarda ana shunday odam paydo boʻlgandek edi. Bu malika Turkon Xotunning vaziri Toj al Mulk edi. Malikaning barcha yumushlarini shu odam yuritar, demakki, u Turkon Xotunning eng ishonchli kishilaridan edi. Qolaversa, shahzoda Mahmudning tarbiyasi ila ham endi shu odam mashgʻul edi. Malikaning xohishi-yu sultonning amri ila bechora Muhammad Takashning saroyi ham vaqtincha unga berilgandi. Aslida esa bu saroy shahzoda Mahmudga tortiq qilingandi.

2

Qazviniy Toj al Mulk ila malika Turkon Xotunning huzurida tanishgandi. Buyuk Bugʻroxonning avlodidan boʻlmish oliynasab malika bu she’rparastni oʻziga juda unaqa yaqinlashtirmasa-da, u qadar olislatib ham yubormasdi. Shoirlar amiri uning yoʻlidagi bir kesak yoxud najas misolidadur, lekin har tugul kun kelib uni birovga otmogʻi yoki oʻshal birovni bulgʻamogʻi mumkin boʻlar. Buni Turkon Xotun juda yaxshi tushunar va shuningdek, Qazviniyning yengil tabiat, xiyonatga moyil ekanligini ham fahmlardi. Shunga qaramay, oʻsha kuni uni oʻz vaziri Toj al Mulkga «sadoqatli doʻstimiz» deya tanishtirdi. Mana, oʻshal «sadoqatli doʻst» hozir avval Muhammad Takash, ayni damda esa Toj al Mulk sohib boʻlgan qasr ostonasida turibdi.

Qasr ichi ancha gavjum edi. Takashning davrida bunday emasdi, u dabdabasiz, kamtarona yashardi. Koʻnglini kabutarlar ishqi zabt etganidan turli hashamatlarga xushi yoʻq edi. Endi esa qasrda xizmatkor kanizaklar bisyor, Toj al Mulk bu saroyga hali chin xoja boʻlmasidanoq, davlantmandlik va amaldorlikning suratiga e’tibor berib, barcha ikir-chikirlarigacha oʻrniga qoʻymoq azmida edi. Buni xizmatdagilarning birontasi yumushsiz turmaganligidan ham payqash mumkin edi. Ammo gavjum va muhtasham qasrning tomi, ayniqsa, shahzoda Takash butkul mehrini bergan kabutarlarning cheksiz kishvari (mamlakati) boʻlgan osmon huvillab yotardi. Bu avvallari ham mazkur qasrda boʻlgan kishi uchun yaqqol sezilardi. Endi kabutarlar ham, ularning qoʻnogʻi ham yoʻq edi. Aytishlaricha, Muhammad Takash zindonband etilganidan soʻng kabutarlar mutlaqo parvoz qilmay qoʻyibdilar. To Toj al Mulk makon tutguncha qasrdagi xizmatkoru sarbozlar ularni uchirmoqqa koʻp sa’y etibdilar, vale urinishlari zoye ketibdi. Ma’lum fursat oʻtib, kabutarlarning yarmi oʻlibdi, bir qismi qochib ketibdi, ba’zilarini esa xizmatkorlar ishqibozlarga sotib yuboribdilar. Hatto qoʻnogʻini ham qoʻporib tashlabdilar.

Qasrdagi bu oʻzgarishlar va ayniqsa, uninggina qulogʻiga urilgan boyagi huvillash Qazviniyni xiyol esankiratib qoʻydi. Biroq sir boy bermaslikka harakat qildi.

Toj al Mulk tip-tiniq suvning soʻlim tarovati ufurib turgan favvora yonidagi supada alvon matolardan tikilgan koʻrpa-yu yostiqlarga burkanib oʻltirardi. Gʻujanak boʻlib olganidan uning chorpaxil miqti gavdasi ayni damda dum-dumaloq boʻlib koʻrinar, lekin bu surati uni bachkana yoxud koʻrimsiz qilmas, katta sallasi ostida chimirilib turgan yoʻgʻon qoshlari, tekis taroshlangan soqol-moʻylabi va ayniqsa, havoli (kibrli) tabassumi unga salobat baxsh etib turardi. U Qazviniyni koʻrib, qaddini rostladi-yu biroq oʻrnidan qoʻzgʻolmadi.

-Marhabo, shoiri zamon, marhabo!-dedi u ovozini tantanavorlik ohangiga yoʻgʻirib.

Toj al Mulkning oʻrnidan turmagani Qazviniyning koʻngliga gʻashlik solib, izzat-nafsi bir qalqib qoʻydi: axir u ham ancha-muncha odam emas, sulton Malikshoh saroyida amirul shuaro boʻlsa. Bu esa bor- yoʻgʻi bir ojizai notavonning vaziri xolos! Manmanlik ham shunchalar boʻlurmi?! Ha, mayli, unga ham gal kelib qolar... Qazviniy shu gaplarni xayolidan oʻtkazarkan, alamli bir hoʻrsinib qoʻydi. Lekin shoʻring qurgʻur gʻofil banda, malika Turkon Xotun Toj al Mulkni chorlab, bu she’rparastdan ehtiyot boʻlmoq lozimligini, hozir u sultonning nazaridan chetda ekanligini aytganidan va shuning uchun uni oʻzidan olislatib ham yoxud muruvvati ila taltaytirib ham yubormasligini tayinlaganidan bexabar edi. Ammo, degandi oʻshanda malika, Qazviniy hali bizga asqotadi, zero gʻanimning gʻanimi bizlar uchun doʻstdir.

Qazviniy supaga koʻtarilayotganda vazir soxtakorona birrov taraddudlanib qoʻydi:

-Afu etgaysiz, janob. Futlarim zirqiraydur, shul bois sizga peshvoz chiqolmadim.-dedi u uzrnamo ohangda.

Soxta boʻlsa-da, bu mulozamat Qazviniyning qorongʻu diliga ozgina nur soldi.

-Bahuzur, vazir janoblari. Qoʻzgʻolmangiz!

Yuzlariga fotiha tortdilar. Kanizaklardan biri darhol ikki ayoqda gulob keltirdi.

Vazirning yuz-koʻzida har bir nimarsadan huzur-halovat izlamoqqa urinishi shundoqqina balqib turardi.

-Nechuk kamnamosiz, shoir? -dedi Toj al Mulk moʻylabi ostidagi sadafdek tishlarini namoyish qilarkan.

-Xiyol tobim boʻlmadi, janob.

-Gʻanim kaltagining zahri uzoqqa tatiydur chogʻi?

Qazviniy beixtiyor «yalt» etib vazirga qaradi-sirimdan voqif emasmu bu nokas? Ammo Toj al Mulk bu gapni shunchaki aytgandiki, buni uning beparvo angoridan ham sezmoq mumkin edi.

-Malikamiz omonmilar? Sixatlari yaxshimi? Olampanohimizu valiahdlarimizning duoi jonlarini qilib yuribdilarmi? -Uning nazdida, gapi choʻzilib ketganday tuyuldi-yu hadik ila vazirga bir nazar tashlab qoʻydi.

-Shukur, malikamiz sogʻ-omonlar.-dedi vazir gapni qisqa qilib. -Oʻzingiz nechuksiz? Gʻanimingiz-u bu soʻzni sirli ohangda aytdi. -dilingizga ozor yetkazmayotirmi?

Qazviniy suhbatdoshining kimni nazarda tutib, bunday deyayotganligini toʻgʻri angladi.

-Alarning nayranglari haddan oshadur, janob.

-Xoʻsh-xoʻsh?.. -ragʻbat berdi unga Toj al Mulk.

-Pushti panohimizga meni yomonotligʻ qilgani yetmaganday, bu ketishda endi saroydan ham badargʻa ettiradur chogʻi.

-Sizchi siz? Nima, biron tadbir qoʻllamoqqa ojizmisiz? -Vazir unga sinovchan tikildi.

Qazviniy biroz kalovlanib qoldi, soʻng:

-Tadbir qoʻllamoqqa-ku imkonlimen, lekin... -Endi ovoziga sirli tus berdi. -Lekin siz va malikamizning iznlaringizsiz...

Bir muddat oʻychan turgan Toj al Mulk soʻradi:

-Xoʻsh, ne tadbir qoʻllamoqchisiz?

Qazviniy jonlandi:

-Agar anovi Nizom ul Mulku uning haligi nujumparasti boʻlmasa, saltanat qanchalar gullab-yashnamogʻi barchaga ayon. Aslida oʻshal qari koʻppakning oʻrni sizga yarashiqli. -U beixtiyor marhum Ja’farak chuchukning ta’biri ila vaziri a’zamni «qari koʻppak» deya atashga atadi-yu uning oʻrnini (ya’ni koʻppakning oʻrnini) Toj al Mulkga ravo koʻrishini aytib yuborganidan bir choʻchib tushdi. Yaxshiki, suhbatdoshi bu soʻzga e’tibor qilmadi. Balki u hozir vaziri a’zamning oʻrnini egallamoq orzusidan sarmastmidi.

-Demakki, Xayyomning saroyda tutgan mavqei sizga yarashiqli, shundaymi? -deya soʻradi Toj al Mulk uning niyatini fahmlab.

Bu Qazviniyga yoqib tushdi.

-Faqat sizning ixtiyoringiz ila, janob.-dedi kamtarinlik ila.

-Unday boʻlsa, tezroq rejangizni soʻzlang.

Qazviniy shoshib vazir tomon yaqinroq surildi va bir nimarsalarni pichirlay boshladi...

3

Layli saroybekaning amriga binoan malika Turkon Xotun va uning vaziri Toj al Mulkga kechki tanavvuldan keyingi salqin sharbatni tutib, boʻshagan idishlarni ilkidagi patnisga solib, olib chiqib ketarkan, xosxonaning hashamatli eshigiga yetganda malikaning sirlilik qorishgan ovozi tuyqus qulogʻiga chalindi:

-Qazvin sari chopar qachon yoʻlga chiqadi? -Malika muntazam kirib-chiqib turguvchi kanizakni yo butkul payqamay qolgandi, yoki u shunchaki xizmatkor boʻlganligidan biron gapni eshitib, nuchukdir ziyon yetkazmogʻi mumkinligiga shubha ham qilmasdi.

Layli beixtiyor eshikdan chiqib ketmogʻini paysalladi.

-Ijozat bersangiz,-dedi Toj al Mulk malikaning ovoziga hamohang tarzda, -tong sahardayoq yoʻllamoqchi. U nujumparast Xayyomdan tezroq xalos boʻlmoqni ixtiyor etmish.

Kanizakning ilkidagi idishlar eshikga tegib, tuyqus jaranglab ketdi.

Malika «yalt» etib unga qaradi va gumonli nigoh ila bir pas tikilib turarkan, pastroq ovozda dedi:

-Ijozat. Faqat bu yumushga meni aralashtirmang, barcha gapni oʻz nomingizdan ayta qoling...

Layli bu mahal eshikdan chiqib boʻlgandi, butun vujudi titrab, idishlarni tezroq joyiga yetkazib, oʻziga kelib olmoq uchun biron xilvatga oshiqardi. Uning har nedan juda tez mutaassir boʻlguvchi oʻksik koʻngli bir falokat yaqinlashayotganligini sezgandi. Buning ziddi esa, Xayyom hazratlaridan nechuk xalos boʻlmoqlikni istaydilar? Kim ul zotdan xalos boʻlmoqchi? Yo Olloh!.. Qoʻrqib ketayotirmen, deya qaqshardi kanizaklar xonasida oʻltirgan Layli. Xayyom hazratlarining bu dargohda kamnamo boʻlib qolganliklaridan ham biluvdim-a. Shahzodamizning tarbiyasi ila ham endi malikamning vaziri mashgʻul. Ha, aslida Xayyom hazratlari haqidagi sovuq gaplarni malikaning lafzidan ilk bora eshitishi emas bu. Illo tunov kuni ham Xayyom hazratlari va vaziri a’zam xususida bir nimarsalarni shu ikkisi soʻzlab oʻltirgan edilar...

Yo qodiri Xudo!.. Endi nima boʻladi?! Kim kimga chopar yoʻllamoqchi? Buni tezroq Mikoilga yetkazmogʻi lozim. U shu xayol ila darichadan tashqariga qaradi-allaqachon qorongʻi tushgan edi. Uning oʻzi bir qarorga kelar... Shahar darvozasidan qandoq chiqurmen?.. Bu zimistonda rasadxonaga qandoq yeturmen?.. Yo Tangrim, oʻzing madad ber! Tongni kutsam, fursatni boy berib qoʻymogʻim mumkin. Yoʻq, hoziroq yoʻlga chiqurmen. Xudoga shukurki, darvozabonlarning ham nafsi bor. Ozgina aqcha olsam... U shu oʻyda atrofiga alanglay-alanglay malika qasridan shitob chiqib ketdi.

Shahar darvozasining qorovullari Laylini ancha tanib qolishgandi. Uning rasadxona tomonga, ayniqsa, kechalari, tez-tez qatnab turishi darvozabonlarga ma’lum edi. Shul bois unga peshvoz chiqqan qorovullardan birining kaftiga bir necha tangani tashladi-da, shaharni tark etdi. Nariroqda oʻltirgan boshqa qorovullarning birovi suyulib, «Yoʻl boʻlsin, jonon?» degancha qolaverdi.

Tun bagʻoyat zimiston edi. Oy koinotning oʻzga burjlarida kezardi chogʻi, yulduzlarning nuri qarolik qoshida ojizlik qilardilar. Bu qiz koʻnglini battar vahimaga soldi. Qa’ri tundan ham qorongʻi boʻlgan handaq ustidagi koʻprikdan oʻtdi-yu ojiz bir koʻyda turib qoldi. Qoʻrquvga toʻlgan yuragi shoʻrlik qattiq-qattiq ura boshladi. Shu holda jovdirab, roʻbaroʻsidagi osmonning chetiga tikildi. Uning adogʻida, ana, rasadxonaning gumbaz va minorasi qorayib turibdi. Olis emas-ku axir, anovi qirdan oshsa bas, uyogʻi oz qoladi. Qiz «yo bismillo» dedi-yu turtina-surtina yoʻlga tushdi, biroq qani endi yoʻli una qolsa. Nazdida, vaqt tez oʻtardi-yu yoʻl sira-sira kamaymasdi...

Bu bemahal tashrifdan hayratini yashirolmasa-da, rasadxona qorovuli Laylini tanigani bois Mikoilni darhol chaqirib berdi. Mikoilning sharpasini sezganidanmi oʻz joyida yotgan Polvon ham gʻalati tovushda oʻkirib qoʻydi.

-Nechuk bul bemahalda kelibsen, Layli?-deya Mikoil qizga xavotirli boqarkan, uni qorovulxona yonboshidagi supachaga boshladi.

Oʻltirdilar. Layli hamon titrar, hansirardi.

-Bilmadim, men behuda vahm qiladurmenmi... -Qiz gapni nimadan, qanday boshlashini bilmay, kalovlandi.

-Shoshilma, avval nafasingni rostlab ol. -dalda berdi unga Mikoil.-Soʻng asta bir boshdan soʻzlab berursen.

Layli dunyoda tanho suyanchigʻi boʻlmish yigitning soʻzi ta’sir etib, biroz tin oldi. Nihoyat tilga kirdi:

-Haligi saroyning kattakon shoiri bor-ku...

-Qazviniymi?

-Ha, oʻsha kishi Xayyom hazratlaridan xalos boʻlmoqchi emish.

-Kim aytdi buni senga?-deya soʻradi shoshib Mikoil.

-Malikamning vaziri aytdi.

-Senga aytdimi?

Qiz «yalt» etib yigitga qaradi. Mutoyiba eturmi, nechuk bunday savol qiladur, deya, devorda lovullab turgan mash’alalarning xira yorugʻida uning koʻzlariga tikildi. Yigit hazillashmasdi, faqat shoshib qolganidan shunday deb yuborgandi.

-Malikamga aytayotganini eshitdim.-dedi Layli, endi u oʻzini ancha tutib olgandi. -Tongda Qazvin tomon chopar yoʻlga chiqarmish.

-Qazvinga?

-Ha...

Mikoil oʻylanib qoldi: ne falokatni boshlaydur bular? Nechun Qazvinga? Nahotki Sabbohning tarrorlarini yollamoqchi boʻlsa?! Yo Olloh, bu ne koʻrgulik?..

-Nega indamaysiz? Ehtimol men yanglishayotgandurmen, biroq shu gaplarni oʻz qulogʻim ila eshitdim. -dedi qiz xijolat tortib.

-Yoʻq, soʻzlaringda jon bor, jonim. -Yigit seviklisini ohista quchib, yuzidan oʻpib qoʻydi. -Ul koʻngli siyohlar bir baloi ofatni azm etgan koʻrinadur. Buni hozircha xojamga aytmaganimiz ma’qul. Avval nima gapligini aniqlab olaylik. Seni esa kuzatib qoʻyay, yur! -Mikoil qizni tashqariga yetakladi.

-Bizning taqdirimiz ne boʻlgʻay?-dedi Layli darvozadan chiqa turib, oʻrtanib.

-Xojamga arz etdim. Inshoolloh, sulton hazratlari ila soʻzlashmoqni va sening izningni olib bermoqlikni va’da qildi.

Mikoil qizni shahar darvozasidan kiritib yuborarkan, «birovga soʻz aytma», deya tayinladi. Oʻzi esa rasadxonaga qaytdi.

U to tun yarmidan ogʻgunicha ming bir oʻylar girdobida toʻlgʻonib yotdi. Fursat yetganda tashqariga chiqib, oʻtinxona tomonga oʻtdi. U yerda timirskilanib yurib, ikki qulochcha keladigan xoda topdi va ortiga qayta turib, uning sharpasini sezib bezovtalangan Polvonning hujrasiga birrov koʻz tashlab, «Hali tong otgani yoʻq, yotaver», deb qoʻydi. Qorovulga esa daryoga dom tashlaganligini, hozir undan xabar olgani ketayotganligini aytdi.

Toʻlin oy koʻkda barkash yangligʻ yarqirab turgani bois endi tun bagʻoyat oydin edi. Mikoil hali tuzib qoʻygan rejasiga binoan shaharning gʻarbiy darvozasi tomon yurdi -agar chopar Qazvinni koʻzlagan boʻlsa, albatta oʻsha darvozadan chiqadi. U gʻarbiy darvoza yoqqa oʻtib, oʻzicha panaroq joy axtardi. Darvozaga tutash yoʻl handaq ustidagi koʻprikdan boshlanib, bir chaqirimcha masofadan soʻng ikki tik doʻnglik orasidan oʻtib, soʻlga burilib ketardi. Yigit ana oʻsha doʻnglik ortiga yashirinib oldi. Shu turishda baquvvat qoʻllari ila ayni damda yagona quroli boʻlmish xodani goʻyo birovni urayotganday har yonga bir-ikki silkitib qoʻydi. Mikoil bahodir kelbatli, pahlavon yigit edi, ikki-uch oʻrtamiyona odam ila olishmoqqa bemalol kuchi yetardi. Bir mahal, koʻzi uyquga ilinay-ilinay deganda, nisbatan sergak turgan quloqlariga ot tuyoqlarining tovushi kelib urildi. Darhol xushyor tortdi. Filhaqiqat, koʻprikdan oʻtgan suvoriy markabini tobora tezlatib, u tomonga yovuqlashib kelardi. U yarogʻini mahkam tutib, hamlaga shaylandi. Qismatidan bexabar boʻlgan chopar uchqur otini niqtab, ikki doʻnglik orasidan oʻtayotganda, sogʻ yoqda berkinib turgan Mikoil bir sakrab oldinga chiqdi-da, bor kuchi ila choparning koʻksiga tayoq soldi. Shu lahza shuurida «ishqilib boshqa odam boʻlmasin-da» degan oʻy bir chaqnab oʻtdi.

Chopar zarbdan ortiga qularkan, ot ham oyoqlarini koʻtargancha baland ovozda kishnab yubordi va vahima ichida qochmoqchi boʻldimi, oldinga tashlandi, biroq yerda yotgan sohibining soʻl oyogʻi uzangiga ilashib qolganligi bois, bir necha qadamdan ortiq yurolmadi. Mikoil bagʻoyat chapdastlik ila choparga tashlandi. Chopar esa allaqachon oʻlib yotardi-erga agʻdarilganida boʻyni sinib til tortmay jon bergandi. Yigit shoshib uning qoʻynini kovladi va katta bir hamyonda aqcha hamda dumaloqlangan maktub topdi. Moʻljalni toʻgʻri olgan shekilli, Layli aytgan chopar shu chiqar. Ammo qorongʻida nomani oʻqiy olmadi. Choparning jasadini otga oʻngarib, rasadxona sari yoʻl oldi. Rasadxona darvozasiga yetganda minora ustidan muazzinning bomdod namoziga chorlovchi ovozi eshitildi.

U darvozaxonadan kirayotganida koʻzlari ola-kula boʻlgan qorovul ot ustidagi jasadga ishora qilib,dedi:

-Ov baroridan kelgan koʻrinadur, domingga nahang tushibdur.

Namoz fursati gʻanimat boʻlganligi bois tahorat olmoqqa shoshilayotgan ahli rasadxona va Xayyom ham Mikoilga biron savol qilmadilar. U ham tezlikda tahorat olib, namozni jamoat birla ado etdi.

Ibodatdan soʻng tashqariga chiqishgach, Mikoil Xayyomga roʻbaroʻ boʻldi.

-Ne gap? -deya soʻradi shoir xavotir ila.

Yigit boʻlgan voqeani soʻzlab berarkan, qoʻynidan maktubni olib, Xayyomga uzatdi va xamyonni ham koʻrsatdi.

Xayyom tongning koʻkimtir hamda mash’alalarning qizgʻish tuslari qorishgan xira yorugʻida chiroyli husnixat ila bitilgan nomani ovoz chiqarib oʻqiy boshladi. Maktubning avvalini oʻqiganidayoq shoirning ovozi oʻzgardi, chunki u Hasan Sabboh nomiga bitilgandi. Unda ismoiliy tarrorlar xojasi rosa ta’rif-tavsif etilib, uning nomiga goʻzal soʻzlar ila hamdu sanolar bitilgandi, soʻngra muddaoga oʻtilgandi, ya’ni «bani basharning, ayniqsa, ismoiliylarning dushmani, shariatga zid she’rlar bituvchi kofir Umar Xayyom»ga oʻlim farishtasining yoʻllanmogʻi oʻtinib soʻralgandi. Bundan tashqari, buyuk saljuqiylar sha’nini tahqirlovchi soʻzlar ham yozilgandi va noma oxiriga «hamisha Hasan Sabboh janoblarining va butun ismoiliylarning duoi jonini qilguvchi hamda jumla olamda ismoiliylar hukmronligini orziqib kutguvchi» Qazviniy imzo qoʻygandi. Xayyom nechukdir gʻazablanmadi, aksincha, jilmaydi.

-Bunchalar ham makkorsen-a, ey hasad balosi!- dedi soʻng oʻychan. -Bir shoʻring qurgʻur koʻngli siyohning manglayiga ajal tamgʻasini bosibsen-a!..

Agar shoir bu maktubni sultonga yetkazsa, Qazviniyning qatl etilmogʻi aniq edi. Ammo u amirul shuaroga oʻlim tilamasdi. Yoxud bu nomani pinhon qoldirsa, oʻzining, nafaqat oʻzining, balki butun olimu fuzalo, ulamoi kirom va shul kabi dini Islomning buyuk homiysi sulton Malikshohga xiyonat qilgan boʻlardi. Demakki, maktubni sir tutmoqlik saltanatga xiyonatdir. Shul bois u avvalo vaziri a’zam ila kengashmoqqa azm etdi. Nonushta ham qilmay, jasad ortilgan otning yuganini Mikoilga tutqazib, maktub va tillo toʻla xamyonni oʻzi olib, zudlik ila vaziri a’zam qarorgohi tomon yoʻlga tushdi...

Vaziri a’zam nomaning avvalini oʻqiboq otashin boʻldi.

-O, badkirdor Qazviniy! Ul mal’un xiyonatkordan har neni kutmoqlik mumkin edi, vale bunchalar tubanlikka bormoqligi!..

U maktubni oxirigacha oʻqib boʻlgach, Xayyom oldiga surgan xamyonga birrov koʻz tashlab qoʻydi-da, dedi:

-Bu shum xabarni olampanohga yetkazmoqqa burchlimiz. Aks holda u zoti oliylariga xiyonat qilgan boʻlurmiz va jazoga tortilurmiz. Biroq sultonimizning sihatlari kechadan beri biroz nosogʻ edi. Shu holiga... -Nizom ul Mulk tegishli kishilarni chorlab, amirul shuaro Qazviniyni hibsga olmoqlikni va zindonband qilmoqlikni amr etdi.

-Kuning bitdi baxti qaro nazmparast!-deb qoʻydi soʻng.

Beshinchi bob

1

Qazviniy oʻsha kechaning adogʻida choparni joʻnatdi-yu qaytib oʻz xobgohiga kirdi. Yuragini hadik va vahm kemirayotgan boʻlsa-da, keyingi kunlarda hasad domidagi tashvishlari ila jonsarak yurib, toliqqanmidi, namozi bomdodni ham faromush qilib, pinakka ketdi. Ufqning soʻnggi ol ranglari ham niliy osmon tusiga qorishib borayotganda choʻchib uygʻondi. Namozni qazo qilgani yetmaganday dahshatli tush ham koʻribdi. Ulkan qora ilon uning butun tanasini oʻrab olganmish-da, boshini tomogʻiga qoʻyib zoʻr berib boʻgʻarmish. Qazviniyning nafasi tobora qisilib borar, nariroqda ilonning dumini ushlagancha turgan haligina oʻzi Alamitga yoʻllagan chopar «Bu Xayyomning iloni, Xayyomning iloni», deya qichqirarmish. U nafas ololmay qolganda entikib uygʻonib ketdi. Koʻrganlari tush ekanligini bilgach, «astagʻfurilloh-astagʻfurilloh», deb koʻksini siladi. Yotgan koʻyi tushini oʻzicha ta’bir qila boshladi: hoynahoy bu qora ilon Xayyom edi, u meni boʻgʻib oʻldirmoqqa urindi. Aslida ham shunday- u meni yoʻq qilmoq uchun qulay fursatni kutadur. Mana, endi chopar uning dumidan tutib oldi, demakki, hademay undan xalos boʻlurmen. Ishqilib chopar eson-omon oʻz manziliga yetib olsa bas. Qazviniy xushnud kayfiyatda huzur ila kerishdi. Kuning bitdi, ey, shoʻrlik yulduz jinnisi, deb qoʻydi shivirlab. Ammo bu aqli noqis oʻz tushini butunlay notoʻgʻri ta’bir etganini, koʻrganlari balodan xaloslik emas, unga giriftorlik ishorati ekanligini bilmasdi. Bilmagani, sezmagani uchun ham shodon oʻrnidan turib, yuvinmoqqa hozirlandi. Namozni qazo qilgani uchun koʻngli biroz xijil ham boʻlmadi.

U xushxoʻr nonushtadan soʻng endigina saroyga-xizmatga otlanib turganida, vahima ichida xojam-xojam», deya yugurib kirgan xizmatkori ortidan shiddat ila bir necha yarogʻ tutgan sarbozlar kirib keldilar. Ular oʻz boshliqlarining «Ol buni!» degan keskin amriga hamohang tarzda vahshat solib Qazviniyga yopishdilar va uning qoʻllarini qayirdilar. Xushta’m yemakning mazasi hali ogʻzidan ketmagan shoirlar amiri baquvvat bilaklar izmida bukchaydi, kuchanib «ne gap, ne gap?» derkan, oʻqchib ham ketdi, tomogʻi qirilib, yarim yoʻtaldi. Ammo uning soʻrogʻi javobsiz qoldi, sarbozlar pisandsiz ravishda uni tashqariga sudradilar...

Rangi-quti oʻchgan, qoʻrquvdan dir-dir titrayotgan Qazviniyni zindonda oʻzining eski tanishi boʻlmish zindonbon qarshi oldi. Uning asli turqi sovuq boʻlib, shoirlar amiri avvallari e’tibor bermaganmidi yoki oftobdan pana zax zindonda oʻtiraverib tusi shunaqa zahillashganmidi va yoki hastamidi, noayon, faqat hozir bu hissiz, qabr ogʻzini eslatguvchi bashara Qazviniyning yuragiga battar gʻulgʻula soldi. Ana shu gʻulgʻula ta’sirida bukchaygancha zindonbonga moʻltirab, gʻoʻldiradi:

-Siz meni taniysiz-a? Ay... Ayting!.. -Ammo ziyodan butkul gʻofil zindonbon kimga nimani aytmogʻi lozim edi oʻzi ham bilmasdi.

-Taniyman.-dedi sovuq tirjayib. Turfa qismatli mahbuslarga yoʻliqaverib, kimning holi nechuk ekanligini bir qarashdayoq bilguvchi bu odam roʻbaroʻsidagi mahkumning kuni bitganligini fahmladimi, uning qiyshayib qolgan mudarra sallasi-yu zarbof choponiga ham parvo qilmay, kibrli boqib turardi.

Sarbozlar uni xalos etdilar-da, zindonbon tomon itardilar.

-Buni kishanband et!-dedi biri dagʻal ovozda.

Qazviniy chopon va sallasini tuzatarkan, zindonbonga iltijoli boqib, ayanchli jilmaydi. Shu payt zindon sohibining ortida darranda mengiz isqirt paydo boʻldi. U yo tirjaydi, yoki tishlarini gʻijirlatdi, chunki qop-qora patnisdek basharasiga jo boʻlgan katta ogʻzining ikki cheti tortishib, sap-sariq oyboltaday tishlari koʻrindi-da, gʻalati ovoz chiqardi. Qazviniy unga baqraygancha tek qotdi, hatto nafas ham olmadi chogʻi. A’zoi badani ayni shu isqirt avvalgi safar doʻpposlaganidek zirqiray boshladi, yelkalari soʻngaksizday osilib qoldi. U hech bir malolsiz shoirlar amirining avval sallasini, soʻngra choponini yechib oldi-da, ularni soʻl qoʻltigʻiga qisib, sogʻ ilki ila boʻyi uning qoʻltigʻidan kelgan Qazviniyning girbonidan tutib, oldinga surdi. Bir nafasda mahbusga aylangan amirul shuaro unga soʻzsiz itoat etishga majbur boʻldi.

Isqirt uni chuqur va qorongʻi xonaga olib kirdi-da, futu ilkiga kishan urdi, bir ogʻiz soʻz aytmay, ortiga qaytayotganda, uning doʻpposlashidan xavfsirab turgan Qazviniy dadillanib,

-Chopon va sallamni bermaysizmi?-dedi chiyillab.

Isqirt ortiga qayrilib, vahshatli irilladi-da, mahbusga gurziday mushtini koʻrsatdi.

Qazviniy qoʻrqib ketdi, majolsiz oyoqlari miqti gavdasini ham koʻtarolmay, oʻtirib qoldi. Kichkina pachoq basharasi battar kichraydi.

-Hali malikam meni xalos eturlar.-deya oldi isqirtning ortidan ojizona ovozda shivirlab. -Malikam, u kishining vazirlari Toj al Mulk janoblari meni bu ahvolda tashlab qoʻymaslar... -Shularni xayolidan oʻtkazarkan, oʻzining aybsiz ekanligini qayta-qayta takrorlayverdi. Birdan Hasan Sabbohga yoʻllagan maktubi yodiga tushdi-yu seskanib ketdi. Nahotki choparni tutib olishgan boʻlsa? Unda bu sirni kim sezib qoldi-yu kim kimga oshkor etdiykin? Axir bu sirni malika, Toj al Mulk va mendan oʻzga hech kim bilmasdi-ku... Bu shubha-gumonlardan naf yoʻq, biroz sabr etgani ma’qul. Hademay Toj al Mulk kelib uni ozod qiladi, ana shundan soʻngra hammasi ayon boʻladi...

Filhaqiqat, Toj al Mulk Qazviniyning hibsga olinganligi haqida oʻz hufiyalari orqali oʻsha paytdayoq xabar topdi. Ammo u darhol shoirlar amirini ozod etmoq uchun chopmadi, aksincha, malikaning huzuriga yugurdi. Malika vazirining soʻzlarini eshitiboq fitna barbod boʻlganligini fahmladi. Fahmladi-yu kimning chaqivu tufayli boʻldi bu, degan oʻy shuuriga urildi. Soʻng bu sirdan voqifligi ehtimoli boʻlgan kishilarni bir-bir xayolidan oʻtkazdi. Vazirdan koʻngli toʻq, Qazviniy esa oʻzi kuyib turibdi. Kim boʻlishi mumkin?.. Oʻyining oxiriga yetolmadi.

-Unda amirul shuaroning holidan xabar olmoq zarur. -dedi malika vazirga sirli tikilib.

Vazir nenidir anglagandek boʻldi, biroq malikaning maqsadini toʻla fahmlamaganligi bois unga savol nazari ila boqdi.

-Ha!-dedi malika muddaomni toʻgʻri tushundingiz degan ohangda. -Illo shoirimiz shoirligiga borib ortiq soʻz aytib qoʻymasinlar taqi.

Toj al Mulk malikaning amrini tushunib, ta’zim qildi-da, xosxonani tark etdi.

Zindon sirli bir ma’vo edi. Uning qa’ridan gohida tan azoblariga dosh berolmagan mahkumlarning ohu nolalari eshitilsa, goh Ollohga fidolik ila qilinayotgan iltijolar quloqqa chalinardi. Ammo bu ovozlar bagʻoyat samimiy boʻlib, sidqu vafo hislariga yoʻgʻrilgan edi. Bu yerdagi zulumot oʻz bagʻrida jon talosh boʻlayotgan hayotni butun boricha yutib yuborishga urinardi. Mazkur urinish bandi tanlar ichra urayotgan qalblarda miltiragan umid uchqunlari tufayli koʻpincha zoye ketardi. Bunda sadoqatlar boʻzlardi, xiyonatlar qahqaha otardi. Zindonda ba’zan eshitilguvchi aqchalar jarangidan qaysidir shoʻrlikning umriga intiho yasalsa, yana kimningdir umriga umr qoʻshilardi yoxud uni ozodlikka chiqarilardi. Uzoq yillar shunda qoʻnim topib, diydasi toshga mengzagulik alpozga kelgan zindonbon ana shu tartibotga oʻrgangandi, koʻnikkandi. Shuning uchun bu yerga kelgan Toj al Mulk ham zindonbon ila uzoq soʻzlashib oʻtirmadi-da, muddaoga koʻchib qoʻya qoldi-unga nimalarnidir shivirlab tushuntirdi va Qazviniy yotgan xonani soʻradi.

Ogʻir eshikning shaqir-shuquridan mudom qunishib, xayolchan oʻltirgan Qazviniyning yuragi yorilayozdi. U taqi haligi isqirt kirayotir, deb oʻylagandi, biroq qorongʻulikka oʻrganib ulgurgan dahshatga toʻla koʻzlari Toj al Mulkni darhol tanidi. Tanidi-yu shahd oʻrnidan turib, oʻzini uning koʻksiga otdi.

-Kelishingizni bilardim, janobim, bilardim! Malikam meni tashlab qoʻymasligiga ishonardim? -deya u rostmona yigʻlab yubordi.

Vazir uning yelkasidan tutdi.

-Oʻzingizni bosing, shoir.-dedi muloyim ovozda, mehribon boqib. -Siz malikamizning sadoqatli kishisisiz, illo sizni bu ahvolda tashlab qoʻymogʻimizdin ma’ni yoʻqdur.

-Qulluq, taqsir, qulluq!-deya bidilladi Qazviniy. -Meni bu yerdan tezroq olib chiqib keting, hazratim.

-Xoʻp-xoʻp, oʻzingizni bosing. Hozir men vaziri a’zam huzuriga borib, sizni ozod qilish xususida ijozat olib kelurmen. Malikam shunday amr etdilar. Ungacha sizni xotirjam qilib qoʻyay dedim-da, ey, shuaro amiri.

-Tashakkur, janob!

-Sizni bandi etayotganlarida biron nojoʻya...-Toj al Mulk ovoziga sirli tus berdi.-soʻz aytib qoʻymadingizmi, mabodo?

Qazviniy uning ovoziga hamohang tarzda dedi:

-Xotirjam boʻling, janobim, sirimizdan kimsa voqif emas.

-Ofarin, shoir, matonatingizga qoyil. Endi gap mundoq, men vaziri a’zam huzuriga borib qaytgunimcha shu yerda xotirjam dam ola turing, xoʻpmi!

Qazviniy vazirning soʻzlariga ishonqiramay, uning koʻzlariga qarab moʻltiradi.

-Tezroq qayturmisiz?

-Albatta.-dedi vazir uning yelkasiga ohista qoqib, mehribonlik ila. -Aslo xavotir olmang.

-Xoʻp. -Qazviniy yosh goʻdak misol araz qildi. -Zarbof choponim va sallamni ham olib qoʻydilar. Ayting, janob, qaytarsinlar.

-Hozir qaytarurlar. -Toj al Mulk charpaxil gavdasini oʻziga yarashiqsiz chaqqonlik ila pildiratib zumda gʻoyib boʻldi.

Qazviniy halovatli xush kayfiyatda yengil xoʻrsindi-da, devorga tutash supachaga oʻltirdi. Xonaning choqqina darichasidan tushib turgan nurga intiq tikildi. Ertalabdan to hozirgi fursatgacha vujudida kechgan qoʻrquv, tahlika va umuman ruhiy zoʻriquv uni toliqtirib ulgurgandi. Shuning uchun Toj al Mulkning tashrifi hamda mehribonlik ila qilgan muomalasi tufayli yuragida taqi yona boshlagan umid uchquni uning borligʻini huzurbaxsh, biroq ojiz bir oromga yoʻgʻirmoqqa tushdi va bu halovatli onlar ortidan qorni ochganligini sezdi. Azali shunday- ertalab yaxshi nonushta qilsa-da, choshgohga borib qorni ochadi va darrov yengil tamaddi qilib oladi. Hozir ham nimarsadir yegisi kelib, ogʻzi soʻlakka toʻldi, qorni gʻoʻldiradi. Toj al Mulk tezroq qayta qolsaydi, deya betoqatlandi. Ammo koʻnglida paydo boʻlgan halovatga bu betoqatlik aslo ta’sir etmadi. Aksincha, yanada forigʻlik ila supachaga choʻzildi, shiftga termularkan, tonggi tushini esladi. Yo tavba! Shunchalar ham bahaybat ilon boʻladimi-ya?!..

Shu payt shaqir-shuqir qilib taqi xona eshigi ochildi. Qazviniy xayryatey, deya sapchib oʻrnidan qoʻzgʻolib, oʻltirdi va eshik tomon tikildi. Xira qorongʻulik ichra isqirtning bahaybat gavdasi koʻrindi. Biroq endi Qazviniy undan qoʻqmadi, hatto ancha dadillanib, barzangiga doʻq urdi:

-Ha, keldingmi, sen zulumot xojasi? Choponu sallam qani? Isqirt hech soʻz demadi, tebranib unga yaqinlasharkan, kir-chir tishlarini koʻrsatib ma’nosiz tirjaydi va gʻalati ovoz chiqardi. Shu yurishida kelib, Qazviniyning yoniga oʻltirdi. Shoirlar amiri hayrat ichra supachaning narirogʻiga surildi. Isqirt esa uning koʻksiga kaftini qoʻyib, ohista surdi, yotmoqqa undadi. Bu manzara huddi onaning oʻz bolasini erkalab, uyquga yotqizayotgani yangligʻ edi. Qazviniy mudom hayrat ogʻushida ixtiyorsiz ravishda chalqancha choʻzildi. Roʻbaroʻsidagi yirtqich mahluqning baquvvat barmoqlari uning boʻgʻzidan asta tutib, tobora-tobora siqa boshlaganida, koʻksida havo tanqislashib, koʻzlari yarq etib ochilib ketdi. Isqirtning muddaosini payqadi, lekin endi kech boʻlgandi-kuchli panjalar uni qimirlagani qoʻymas, majolsiz ilki filning futini tutgan yangligʻ uning bilaklariga dahl qilolmasdi, faqatgina oyoqlari jon taloshida tipirchilardi. Ammo bu benaf edi. Uning kichkinagina yuzi battar gʻijimlanib ketdi. Shu bir necha lahza muddat ichida butun hayoti koʻz oʻngidan oʻtdi, oxirida Toj al Mulk surati lip etdi-yu, shuurida «Xiyonat!» degan nido yaraldi va eng soʻngida tushidagi bahaybat mori siyoh (qora ilon) koʻrindi. Endi ilon uning tanasiga oʻralib, boʻgʻzidan boʻgʻa boshladi. Boʻgʻaverdi-boʻgʻaverdi, koʻzlari oldida turgan ulkan ilon kattalashaverdi-kattalashaverdi... Nihoyat butun olam zim-ziyo boʻlib qoldi...

2

Vaziri a’zam Nizom ul Mulk amirul shuaroning xiyonati haqida oʻylarkan, hasad balosining ilki bagʻoyat daroz, yanaki qamrovi cheksiz ekanligidan hayratga tushardi. Qazviniyning nega muhtojligi bor edi-yu bu qadar tubanlikka ilkini berib, xiyonatga yuz tutdi. Ne qilsa ham qudratli saljuqiylar saltanatining bosh shoiri, buyuk sulton Malikshohning nazari tushgan, katta maosh olguvchi amaldor edi. Xonadoni qasr boʻlmasa-da, qay birovlar orzulagan, havas qilgan hashamatli binoda joylashgandi, oʻzi esa bir necha ojizaga sohib edi. Shunday boʻlgach, uning bu qilmishi koʻrnamaklikdan oʻzga nimarsa emasdi. Demak, uning dili siyohiga in qurgan hasad balosi shu qadar kuchli boʻlganki, oʻzi tuz yegan tuzlugʻiga tuflagan. O, xom sut emgan banda-ya, bu gʻaddor dunyoning cholgʻusiga qachongacha xirom etasen?! Vaziri a’zam shundan dogʻda edi. Endi bu shum xabarni hukmdorga yetkazmogʻi lozim edi, tagʻinki hasta hukmdorga. Olamdagi eng ogʻir va mushkul yumushlardan biri ham shu-tojdorlarga saltanatda roʻy bergan mudhish hadisotdan xabar bermoq. Xabardor qilinmasa, taqi bir balo, aytilsa, oqibati noayon. Nizom ul Mulk shu andisha ila kunni qaritdi. Namozi asrdan soʻng saroyning hasta sulton yotgan xonasiga kirdi. Olampanohning dardi ogʻir emasdi, ehtiyotsizlik tufayli roʻy bergan odatdagi shamollash edi. Uning boʻgʻriqib turgan yuzi mudom issigʻi borligidan dalolat berardi. Saroyning bosh tabibi uning yonida qoʻl qovushtirib tik turar, bir chuhra esa eshik tomonda tek qotgandi. Bu yerda boshqa parvona kishilarning yoʻqligi ham sultonning halovat istaganligidan edi.

Vaziri a’zam sultonga yaqinlasharkan, xayolidan shu oʻy oʻtdi: agar olampanohning ahvoli jiddiy boʻlganida, albatta Xayyomni huzuriga chorlardi, saroy tabibining oʻzi bilangina kifoyalanibdimi, demak, dardi ogʻir emas... Nizom ul Mulk ojiz, biroq muloyim tovush ila salom berdi.

-Xush kelibsiz, vaziri a’zam!-dedi sulton boshini u tomonga burib, xiyol entikarkan. -Uzr, oʻrnimdan turolmadim. -Bu gap shunchaki aytilgan boʻlsa-da, sultonning keksa vaziri a’zamni nihoyatda hurmat qilmogʻiga dalil edi. -Isitma toj tutsa, har ne tojdor ham oʻsal qolarkan. -Sulton oʻz mutoyibasi ila vaziri a’zamga erkinroq soʻzlamoqqa izn berdi.

Sohib devon taomilga binoan avvalo hol-ahvol soʻradi:

-Sixatingiz durustmi, olampanoh? Olloh taboraka taolo fuqaro gʻamini yeb, dardingizga shifo ato etgay, inshoolloh. Illo ahli Islomning tanho xaloskori boʻlmish siz olampanoh hazratlarining aziz jonin omondaligi jumla moʻminlarning birlamchi muddaosi hamda baxtidir.

Vaziri a’zamning mehribonlik va samimiyat ila aytgan bu gaplari sultonga xush yoqdi, shuning uchun u to soʻzini ado etguncha jim turdi. Nihoyat Nizom ul Mulk soʻzini tugatib, ta’zim qilgach, uni oʻz yonidagi yumshoq oʻrindiqqa oʻtirmoqqa taklif etdi.

-Ne mujda keltirdingiz, hazrat? -deya soʻradi sulton jilmayib va shuning ortidan bir ishorat ila yonida turgan tabibga ijozat berdi.

-Biz uchun siz sogʻ-omon boʻlsangiz bas, olampanoh.-dedi vaziri a’zam shum xabarni tiliga keltirmoqqa bezillab.

-Qulluq, janob... -Sulton oʻqchib bir-ikki yoʻtaldi. -Muddaoga koʻching!

Vaziri a’zam taraddudlandi.

-Sizning aziz joningiz hasta boʻlgan bir paytda, dardingiz ustiga bu gapni aytgandan koʻra tilim kesilgani ma’qul edi, olampanoh.

Sultonning yuzi jiddiy tus olib, koʻzlari vazirga qattiq qadaldi.

-Soʻzlangʻ!-dedi turkiy lahjada va bu uning gʻazabga hozirligidan dalolat edi.

Vaziri a’zam qoʻynidan Qazviniyning hufiya maktubini chiqarib, ne qilay, deganday sultonga qaradi. Sulton nigohi ila oʻqimoqqa ijozat bergach, asta tomoq qirib qoʻydi-da, xiyonatkorning nomasini dona-dona qilib oʻqiy boshladi. U maktubni oʻqirkan, bir vaqtning oʻzida, uni bitgan kimsaga boʻlgan nafratini ham soʻz ohangi ila ifodalashga urinardi va buning ta’sirini bilmoq uchun sultonga tez-tez nazar tashlab qoʻyardi. Hasan Sabboh ta’rifu tavsif qilinib, uning sha’niga hamdu sanolar bitilgan satrlarni eshitgandayoq hasta hukmdorning yuzi battar boʻgʻriqib ketgandi. Ammo maktub sohibining saljuqiylardan nolib, hasrat qilgani va vaziri a’zam hamda Umar Xayyomga oʻlim tilagani barchasidan oshib tushdi.

-O-oo, koʻrnamak!.. -deya gʻazab qildi sulton vaziri a’zam nomani tugatishi bilanoq. -Itningʻ bolasi! Men uning ichi siyohligʻini sezardim, biroq bunchaliqgʻa borar deb oʻylamagʻan edim. -Soʻng vaziri a’zamdan soʻradi. -Ne chora koʻrdungʻiz?

-Bandi etmoqlikni buyurdim, olampanoh. Ne jazo qoʻllamoqlikni amr etursiz?

-Yuzi qursin ut itningʻ! Oʻlim ham xayf unga, toki shahar chetidagi savdoyixonaga tashlasinlar. Qattiq nazorat ostiga olib, har kuni qamchilasinlar. Ammo oʻlib qolmogʻiga imkon bermasinlar. -Sulton taqi oʻqchib, ketma-ket yoʻtaldi.

Nizom ul Mulk sultonni urintirib qoʻyganligidan battar xijolat tortdi, lekin oʻzini oqlamoqqa urinib, biron soʻz aytolmadi.

-Endi meni holi qoʻyingʻ! -dedi sulton gapni kesib.

Vaziri a’zam oʻrnidan turib, ta’zim qildi-da, eshik tomon yoʻnaldi. Shu payt ortidan taqi sultonning ovozi eshitildi:

-Umar Xayyom ne deydi?

Vaziri a’zam qayrilib javob berdi:

-Ul ham sizning amringizga muntazir, sultonim.

Sulton indamadi-da, toliqdi shekilli, xorgʻinlik ila koʻzlarini yumdi.

Nizom ul Mulk oʻz manzili sari borarkan, oʻylardi: shoʻring qurgʻur Qazviniy! Shaytoni la’in koʻyiga kirmoqlikning oqibati shu erur. Sen koʻngli siyohga ne kamligʻ bor edi-ya?!..

Vaziri a’zam xonasiga qaytib, Qazviniyni zindondan olib, savdoyixonaga eltmoqlikni oʻz kishilariga amr etdi. Buning ortidan uni nazorat qilguvchi kishini ham tayinladi. Shundan soʻng oʻz yumushlari ila mashgʻul turganida, zindondan xabar keldi: Qazviniy yuragi yorilib oʻlgan emish. Surishtirib bildiki, yoʻllagan kishilari uning jasadini oʻz koʻzlari ila koʻribdilar.

Yo Olloh! Bundan ham xiyonatning isi keladurmi? Yoxud ul nobakorning kuni chindan-da bitganmidi? Qismati ne ila tugamogʻiga fahmi yetib... Endi bu xabarni sulton hazratlariga qanday yetkazurmen, yo Tangrim?!.. Vaziri a’zam oʻyining oxiriga yetolmasdi. Qazviniyning mudhish qismati-yu xiyonat haqida oʻylarkan, koʻz oʻngidan koʻplab kishilarning surati bir-bir oʻtardi. Ana oʻsha oʻtishlar asnosi koʻz oldida nihoyat malika Turkon Xotun siymosi namoyon boʻlganida nechundir vujudida ojiz, vale sezimli evrilish kechganligini payqadi. Nahotki, degan fikr urildi shuuriga shuning ortidan. U malikaning Xayyom ikkisini unchalar xushlamasligini bilardi, ammo sultonga qarshi bormogʻi mumkinligiga ishonolmasdi. Huddi shu kabi, nega endi aynan hozir bu fikr xayoliga kelib qolganligini anglolmasdi. Bu shayton vasvasasi emasmi, oʻylardi vaziri a’zam xayollariga toʻzim ilinjida, axir ne boʻlganda ham ul ayol sulton hazratlarining zavjasi-ku!..

Donishmand vazirning shubhasi, toʻgʻrirogʻi, u kishining quvvai hofizasi qilgan bashorat asosli edi. Chunki bu paytda malika Turkon Xotun kutilgan xabar ila ostonasiga bosh urib turgan oʻz vaziri Toj al Mulkni intiqlik va xavotir ogʻushida qarshilayotir edi. Vazirning alpozini, yuzidagi ifodani koʻrib, istagi bajo keltirilganligini tushungandi, ammo dilidagi xavotir darrov tarqamadi. Taomili ham shu-da-sirli va mudhish yumushlarning avvalo rejasi tuziladi hamda uning ortidan koʻngil saltanati osmonida tahlika-yu qoʻrquvning ilk nimtatir abrlari zohir boʻladi, undan keyin rejani amalga oshirmoqlikka amr etiladi yoxud bu boradagi maslakdoshlar izlanadi va taqi xavotir, soʻng reja amalga oshiriladi-da, shubha-yu vahm ichida atrofdagilarning unga munosabati kutiladi, kuzatiladi, sirdan voqifmi-yoʻqligini bilmoqqa uriniladi, xullas, vahm uzoq davom etaveradi. Ayni shu mengiz, malika ham bir xavf bartaraf etilganligini bilib turgan boʻlsa-da, vujudidagi xavotir kuchaymoqda edi.

-Xoʻsh?!.. -dedi u vazirga qattiq tikilib, bir paytning oʻzida ham ichidagi tahlikani bosmoqqa, ham shu bir ogʻiz soʻz ila borki fikru hislarini ifoda etmoqqa urinarkan.

Toj al Mulkning koʻzlari yondi:

-Amringiz bajo etildi, malikam.-dedi u ta’zim qilib, -Shoirlar amiri ja’mi asrorni yelkalab, sohibining huzuriga ravona boʻldi.

Vazirning mutoyiba aralash soʻzi malikaga xush yoqdi va vujudidagi vahm tafti asta-sekin pasaya boshladi.

-Birov payqamadimi?

-Yoʻq. Hatto shoʻrlik Qazviniyning oʻzi ham sezmay qoldi chogʻi. -Vazir kuldi.

Malikaning ham labida bilinar-bilinmas tabassum jilva qilarkan, bir vaqtning oʻzida nigohiga oʻychanlik indi. Xayol ila ortiga qayrilib, oʻrniga oʻtirdi va vazirni ham oʻtrusidagi oʻrindiqqa oʻtirmoqqa ishorat etdi. Shuurida taqi ertalabdan buyon uni tark etmayotgan savol paydo boʻldi: bu sirdan kim voqif boʻldi-yu kim uni anovi qari shofe’inga yetkazdi? Axir chopar haqidagi gap mana shu yerda, mana shu vaziri Toj al Mulk bilan, u zimdan vazirga qarab qoʻydi, boshqa biron bir kimsaning ishtirokisiz boʻlib oʻtgan edi-ku. Unda chaquv etgan kim?! Qazviniyning oʻzi bu borada birovga soʻz aytmoqligi ayni ma’nisizlik. Chopar tasodif tufayli nobud boʻlgan deya oʻylansa, axir u til tortmay oʻlgan emishki, birovga gap aytsa. Maktubni izlash bexabar kishining xayoliga kelarmidi...

Shu payt bir kanizak kirib keldi-da, patnisda ikki ayoq gulob keltirib, ta’zim ila malika va vazir oʻrtasidagi mizga qoʻydi, soʻng ta’zim ila ortiga qaytib, chiqib ketdi. Uni beixtiyor kuzatib turarkan, malika tuyqus kecha xizmat qilgan kanizak-Laylini esladi. Ha- ha, u boʻsagʻada bir nafas toʻxtalib qolgan edi. Aniq-ravshan yodida, hatto ilkidagi patnis tushib ketayozgandi. Hoyna-hoy u vazirning gaplarini ham, mening gaplarimni ham eshitgan, eshitganu rasadxona sari chopgan. Uning qilmishlarini, Umar Xayyomning nadimi boʻlmish sangtarosh ila tuzgan ishq oʻyinlarini saroybekadan bir necha bor eshitgan. Shunday ekan, chaquv oʻshal mochagʻar kanizakdan boʻlganligi aniq. Biron zarurat tugʻilsa, gʻanimga aksil zarba bermakda yoyga paykon etmoq umidi ehtiyotida unga bir soʻz demay, oʻz holiga tashlab qoʻygandi. Mana, endi keldi oʻshal zarurat, oʻshal on. Asli olov qonli boʻlgan malikaning koʻzlari oʻch ilinjida yovuz chaqnab, yuzi yondi. Ul yulduzparastning joni metin boʻlsa, endi uning xaloskorlari zavol topgay.

Malika ikki bora qars urdi. Ostonada bir kanizak paydo boʻlib, amringizga muntazirman, deganday ta’zim qildi. Turkon Xotun unga saroybekani chorlamoqlikni buyurdi.

Koʻp oʻtmay, husnini allaqachon boy bergan oʻrta yoshlardagi saroybeka kirib keldi. Uning yuz-koʻzidan gʻoyat tasqaralik yogʻilardi. Bu malika uchun ayni muddao edi shekilli, hech qachon uning yuz-koʻziga, yurish-turishiga e’tibor qilmasdi.

-Haligi jazman tutgan qulvachcha qayerda?-deya soʻradi u dagʻal ovozda.

Saroybeka ilkini koʻksiga qoʻyib, ta’zim ila dedi:

-Xizmatda edi, malikam.

-Chorla!

Saroybeka chiqib ketgach, vazirga yuzlandi.

-Bu zinokor kanizakning qilmishini qarang.-derkan, qoʻshib qoʻydi. -Pokiza dargohimizni bulgʻab!..

Vazir bosh silkib uning gapini ma’qulladi, ammo bir ajib sirdan voqif kishiday bilinar-bilinmas jilmayib ham qoʻydi.

Nihoyat saroybeka va Layli malika huzurida qoyim boʻldilar. Layli bosh egib turar, uning odmi, ammo ranglari yorqin libosi oʻziga juda-juda yarashiqli edi, beli va koʻksi koʻzga yoqimli tarzda sirilib koʻrinardi. Bu Turkon Xotunning hasadini keltirdi, kanizakning ayni damdagi xush suratini ishq tufayli deya koʻnglidan oʻtkazdi. Qizni bir lahza devqomatli, qoya yangligʻ sangtaroshning quchogʻida tasavvur etib, tani jimirladi. U bir umr ana shunday mardni orzulab kelardi va zarur boʻlsa, butun boyligini oʻshal mardning oyoqlari ostiga tashlamoqqa rozi edi. Umar Xayyomga ham vujudidagi shu oʻt, shu tashnalik bois talpinardi. Nadomatkim, osmonga termulgan nujumparast zamindagi yulduzni koʻrmadi, payqamadi yoxud payqamoqni istamadi. Endi esa dunyoning yarmini egallagan buyuk saltanatning malikasi bir zoti past kanizakning baxtiga ham havas, ham hasadda turibdi. Bu ham boʻlsa bashar fe’lining yechilmas jumbogʻi...

-Kecha oqshom qayerda eding?-deya soʻradi malika uni nigohi ila ta’qib etarkan.

-Shunda edim, malikam. -dedi Layli boshini koʻtarmay.

-Yolgʻon aytursen!-Malikaning ovoziga qahr ohangi qoʻshildi va soʻzla deganday saroybekaga qaradi.

-Kecha oqshom allaqayerga borib qaytdi. Nazarimda, taqi rasadxonaga bordi.-dedi saroybeka tez-tez soʻzlab.

-Bunga ne javob qilursen?

Layli soʻzsiz turaverdi.

-Soʻzla!..-deya oʻshqirdi malika.

Layli bir qalqib tushdi, lekin indamadi. U, chamasi, oʻzini oqlamoqqa urinmogʻi nafsiz ekanligini, qahri qattiq malika allaqachon oʻz hukmini chiqarib boʻlganligini fahmlab turardi.

-Sen zinokor tabarruk dargohimizni bulgʻading, illo oʻshal xushtoring ila sangboʻron etilmoqqa loyiqsen! -Malika endi Toj al Mulkga oʻgirildi. -Vazir janoblari, buni bandi etib, oʻz hibsxonamizga elting. Uning taqdirini sulton hazratlariga havola eturmen.

Vazir saroybeka va Laylinig ortidan eshik tomon yurganda uni malika toʻxtatdi.

-Erta choshgoh mahali amirul fuzalo Umar Xayyom janoblarini saroyimizga taklif etsangiz.

Vazir «xoʻp boʻladi», deya ta’zim bajo keltirib, chiqib ketdi.

Oltinchi bob

1

Malika Turkon Xotun Xayyom xonani tark etgach, butun vujudi titray boshlaganini sezdi. Miz ustidagi may toʻla qadahni ilkiga olib, «La’nati eroniy!» dedi-yu bir nafasda sipqordi va lablarini qimtib, koʻzlarini yumgancha turib qoldi. Endi bas, deya oʻyladi shu koʻyi, hammalaringning kuning bitdi! Senlar qoraxoniylar naslini hali bilmas ekansanlar. Sen ham, anovi shofe’in ham va hatto... Fikrini davom ettira olmadi, u ayni damda bu haqda oʻylamoqdan ham qoʻrqdi. Mening soʻzimni rad etdi-ya bu nujumparast!

Xayyom aytilgan paytda malikaning huzuriga kirdi. Malika uni yaxshi kutib oldi, biroq shoirning koʻngli gʻash edi, chopardan topilgan maktubga Turkon Xotunning ham dohilligi bordek tuyulardi, nazdida. U xonaga kiriboq malikaning yuziga e’tibor berdi: ha, sultonning suyukli xotini mudom goʻzalday tuyulsa-da, aslida yillar oʻz hukmini oʻtkazayotganligi uning chehrasida yaqqol koʻrinib turardi. Faqat asli ehtiros bandisi boʻlgan malika bul haqiqatga yon bermaslikka urinardi xolos. Filhaqiqat, uning yuzida oshkora soʻlish zohir edi. Ammo koʻzlari!.. Uning nigohida, libosi ostidan ham balqib turgan tanasida bir olov yashardiki, u har qandayin erni kuydirmogʻi tayin edi. Uning koʻzlariga dosh bermoq bagʻoyat mushkul edi.

Yuzma-yuz oʻltirdilar. Malika uning hol-ahvolini, ilm borasidagi va rasadxonadagi yumushlarini soʻradi. Xayyom ham odob va bosiqlik ila javob qaytardi.

Malika suhbat avvalida zimdan Xayyomning yuziga e’tibor qildi. Shoirning chehrasida hamisha sobit boʻlgan shiddat hozir sezilmasdi, uning oʻrnida yoqimli bir nur, muloyimlik zohir edi. Yo tavba, bu ne evrilish? Avval-ku bu nujumparastning shiddatli yuzidan, ehtiros yogʻilgan nigohidan umidvor edi. Endi esa...

-Amirul shuaro Qazviniyning xiyonatidan boxabar boʻlsangiz kerak? -deya soʻradi makkora malika suhbat qalovini avjlantirmoq niyatida.

-Albatta. -dedi Xayyom uning koʻzlariga beparvo boqib. Negadir endi u oʻtrusidagi qudrat va makr sohibasi boʻlmish malikaga ortiq iltifot koʻrsatmasdi. Malika esa uning nigohidagi ma’noni uqmoq niyatida va yoki uqqan boʻlsa-da, undagi kutilmagan bu dadillikdan lol qolibmi, bir muddat tikilib qoldi. Shoir buni oʻzicha tushunib, taqi nimadir demogʻi lozimligini xayolidan oʻtkazdi va:

-Inshoolloh, ul xiyonatkor bandi etilmish.-deb qoʻydi.

Ana shundan soʻng malika Turkon Xotun xotirjam tortganday boʻldi.

-Ha, Ollohga shukur. -Endi malikaning ovozi xiyol mayinlashdi va hatto iltijoli tus olganday tuyuldi. -Yaxshiki, onhazrat sultonimizning sizdek sadoqatli xeshlari, nadimlari bor. Aksi oʻlsa, ul nojins nobakorlar olampanohning aziz jonlariga ham dahl qilgan boʻlurmidilar. Olloh saqlasin!-Malika qoʻrquv ila yoqa tutgan boʻldi.

Ayni damda Xayyomning shuuri bagʻoyat oydinlik kasb etgandi. U malikaning shum niyatini, manov ayyorona tadbirini aniq-ravshan fahmlab turardi. Ammo sezgisini tashiga chiqarmadi-da, «xoʻsh, ne deysan?» ma’nosida boqqancha oʻltiraverdi.

Yana tagʻin malika tilga kirdi:

-Sultonimizning doʻstlari bizning doʻstlarimizdir. Shundogʻ ekan, bizning saroyimizda ham doʻstu yorlarimiz jam boʻlmogʻini ixtiyor eturmiz.-malika shoirning yuzidagi oʻzgarishni kutdi, biroq muddaosiga yetolmadi. -Qolaversa, valiahdimiz ham sizdek donishmand zotning tarbiyasiga mudom muhtoj. Erta oʻtib indinga taxtga oʻltirsa... -U gapining davomini aytmadi, lekin ohangidan sultonning kuni bitib qoldi, hademay taxtga mening oʻgʻlim oʻltiradi, joningdan umiding boʻlsa, tadorigingni koʻr, degan tahdidli fikrni uqish mumkin edi.

Xayyom boshini xiyol quyi egib, dedi:

-Shavkatli shahzodamizning biz kabi ojiz ilmparastlarning tarbiyatiga aslo muhtojligi yoʻqdur. Ulugʻlikda biz ul zotga muriddurmiz. Yanaki olampanohimizning soyai davlatlarida barpo etilgan rasadxonada ham bagʻoyat yumushlar koʻpaymoqda. Nihoyat malikamizning iltifotlari va ragʻbatlari koʻmagida faqatgina ilm ila mashgʻul boʻlmoqlik niyatidamen.

Malika tagʻin unga qattiq tikilib qoldi. Tikilib turarkan, sen qaysi sirdan voqifsanki, bu qadar magʻrursan, degan ma’no zohir boʻlgan nigohi asta-sekin asliga qaytib, yovuzona tusga kira boshladi. Ammo Xayyom bundan xabarsiz edi, chunki uning koʻzlari hamon quyida edi.

-Ixtiyoringiz yoʻq ekan, nachora!.. -Bu soʻzlar tishlar orasidan aytildi goʻyo. Malika oʻrnidan turdi, Xayyom ham unga ergashdi. -Ilohi, omon boʻlgʻaysiz. -Malika shu soʻz ila xayrlasharkan, doʻstligimiz tamom, deganday ham boʻldi.

Aslida ular hech qachon doʻst boʻlmaganlar va buni ikkisi ham juda yaxshi bilardilar. Malikaning uzoq yillik bu urinishlari esa shoirni ayollarga xos bir ehtiros ila xushlagani, keyinchalik boʻlsa, undagi toqat qilib boʻlmas gʻurur tufayli yuzaga kelgandi. U endi ne amal ila boʻlsa-da Xayyomning tik boshini egmoqqa, magʻrur va oʻtkir nigohini sindirmoqqa sa’y etardi. Har safar uning koʻzlariga koʻzi tusharkan, oʻzini aybdorday his etar, faryod urib, roʻbaroʻsidagi she’rparastning oyoqlari ostiga oʻzini tashlamoqlikka tayyor ekanligini sezib qolardi. Unga alam qiladigani ham shu edi -u shoir qoshida oʻzini ojiz his qilardi. Aslida chinakam ayol uchun bu yangligʻ ojizlik fazilat va baxt ekanligini u bilmasdi...

Qasos oʻtida jizgʻanak boʻla boshlagan malika shoir chiqib ketgach, bir shumlikning rejasini tuzib, ichida uni amalga oshirmoqqa qattiq ahd qildi-yu nozik barmoqlari musht boʻlib tugildi...

Sultonning sixati ancha yaxshilanib qolgandi. Yoʻtali kamayib, isitmasi butunlay tushgandi. Endi yuzi-koʻzi boʻgʻriqmas, xiyla madorsiz boʻlsa-da, kayfi durust edi. Bosh tarafida qoyim turgan qul xoʻton (elpuvchi) uni ohista yelpir, nariroqda esa saroy tabibi odatdagidek qoʻl qovushtirib turardi. Butun xonada koʻngilni allalovchi osudalik hukmron edi.

Malika tavoze ila salom berib kirib kelganida sulton bir qoʻzgʻolib, rafiqasiga mulozamat koʻrsatgan boʻldi. Agar tani nosogʻ boʻlmaganida malikani albatta tik turib qarshilardi. Buni malika ham sezdi, shuning uchun sulton tomon shitob talpinib, erka bir ovozda dedi:

-Qoʻzgʻolmangiz, sultonim!-U hukmdorning oyoq tarafiga omonat oʻltirdi. -Tuzukmisiz, olampanoh?

-Shukur, malikam.-dedi sulton xotiniga biroz hayrat va mehr ila tikilarkan. Chunki uning suyukli xotini ayni damda gul-gul ochilib ketgandi. Egnidagi harir libosi er zotining vujudiga oʻt solgulik darajada uning goʻzal qomatini namoyish etardi, pushtiga moyil yuzi lovullar, gilos mengiz lablaridan esa shahvat yogʻilardi. Ha, malika chindan ham goʻzal edi, aksi boʻlsa, ne-ne navnihol sohibjamol kanizaklarni koʻrgan sohibi tojning qonini bu qadar koʻpirtira olmasdi. Filhaqiqat, sulton har safar malikaning jodusiga roʻbaroʻ kelganida ilon avragan jonzot holiga tushardi, biroq bu koʻyi oʻziga juda-juda xush yoqardi.

Malika tilla-yu yoqut uzuklar ogʻushidagi oppoq, nafis barmoqlari ila sultonning oyogʻini uqalay boshladi.

-Olloh shifo bersin, sohibi olam, sogʻintirdingiz-ku!

Sultonning joni oʻrtanib, osuda qoniga olov indi. U bilinar-bilinmas ishorat ila mudom hozir turgan tabibga ijozat berdi, soʻng xotiniga hirs ila tikildi. Yo tavba, bu behishtning qay goʻshasidan chiqmish hurki, on qadar malohatlidir!

-Sizga shundayin bir kechani hozir eturmenki... -dedi malika ovoziga sirli tus berib, kafti ila sultonning qorni va yonboshlarini silarkan.

Sulton sapchib oʻrnidan qoʻpmoqqa urindi:

-Hozir, jonim!..

Biroq malika uning koʻksidan bosdi.

-Yoʻq, olampanohim, hali kamquvvatsiz. Siz menga faqat bugungina kerak emassiz-ku, jonim. Avval darddan forigʻ boʻling, men esa ul damni intizorlik ila kutarmen.

Sulton malikaga itoat etib, boshini yostiqqa qoʻyarkan, bir hoʻrsinib, ichidagi oʻtning taftini bosdi. Malika esa uning yuz-koʻzini silay boshladi. Yuzi erining yuziga yaqin kelgach koʻzida tuyqus ma’yuslik zohir boʻlib, bilinar-bilinmas hoʻrsinib qoʻydi. Sulton buni darrov payqadi.

-Nechuk gʻamgin tortdingiz?

-Shunchaki oʻzim... Parvo qilmang, sultonim!

-Yoʻq, soʻzlang. Nega buncha tez oʻzgardingiz?

-Sizning bu dardingiz ustiga tagʻin... -Malika eriga andisha ila nozli boqdi.

-Men soppa-sogʻmen. Soʻzlang, jonim!

-Sizning aziz boshingiz xiyonatchilar qurshovida qolganidek, mening ham dargohimga nopoklik oralabdur. -Malikaning koʻzlari yoshlandi. -Bundan xabar topganimdan buyon sira-sira oʻzimga kelolmayotirmen. Nihoyat bu mudhish hodisotdan sizni boxabar etmasam boʻlmasligini tushundim.-Bu soʻzlaguvchi mushfiq ayol hozir doimgi qahri qattiq, shiddatkor malikaga aslo oʻxshamasdi.

Sulton xushyor tortib, dedi:

-Yigʻlamang! Xoʻsh, ne hodisot roʻy berdi?

Malika koʻz yoshlarini artib, jiddiy tus oldi.

-Kanizaklarimdan biri rasadxonadagi bir sangtarosh ila buzuqlik qilibdur. -Makkora Turkon Xotun qaddini rostlab, goʻyo uyalganday koʻzlarini olib qochdi.

-Ne chora koʻrdingiz?

-Oʻz hibsxonamda bandi etdim. Lekin...

-Xoʻsh?-dedi sulton uni tezroq gapirishga undab.

-Agar ul betavfiqqa ogʻirroq jazo qoʻllamasak, oʻzga qullar ham koʻngillari koʻyiga yura boshlarlar.

-Darra urdiraylikmi?

-Bu kam, olampanoh. Ul nobakor buzuqini sangsor (toshboʻron) etmoqlikni soʻrarmen.

Sulton biroz jim qoldi.

-Shariatning hukmini bilmoq kerak.

-Axir sizning shonu shavkatingiz qoshida shariat ne, olampanoh. -Malika taqi Sultonning koʻksiga suykaldi. -Bu tadbirimiz ila oʻzgalarga ibrat koʻrsatmogʻimiz lozim. Aks holda... Keyingi kezlarda judayam koʻnglingiz yumshab borayotir, sultonim. Avom bu yaxshiligingizni oʻzgacha tushunmogʻi ham mumkin.

Ha, tobora koʻngilchan boʻlib borayotganligini uning oʻzi ham juda yaxshi bilib turibdi. Mana shu qilichidan qon tomgan qahri qattiq sulton Alp Arslon zurriyodi ekanligiga birov ishonmaydi. Padari buzrukvori jinoyatkorlar qoshida oʻy surib oʻltirmasdi, darhol yo boshini uzardi, yo osdirardi, yo boshqa jazo qoʻllardi. Bu esa, mana, bir necha yil boʻlibdiki, hali biron marta biron kishini oʻlimga hukm etmabdi. Shu durustmi? Yoʻq, olamning yarmini zabt etgan hukmdor uchun aslo durust emas. Ehtimol xiyonatkorlarning ziyoda boʻlib borayotganligiga ham ayni shu shafqatliligi boisdir.

-Bosh maydonda avom koʻz oʻngida sangsor etmoq lozim, sultonim. -Malikaning shivirlaguday aytgan bu soʻzlari uning xayolidan oʻtayotgan fikrlarga hamohang keldi.

Sulton bir nuqtaga tikilib qoldi.

-Hukmingiz ne, olampanoh? -malika bu soʻrovi ila unga taqi ragʻbat berdi.

-Buyuring, -dedi sulton hamon oʻsha nuqtaga tikilgancha. -qatlga hozirlik koʻrsinlar.

Malika yashnab ketdi.

-Xoʻp boʻladi, sultonim!..

2

Umar Xayyom ertasi subhi sodiqda vaziri a’zam huzurida boʻldi. U kishidan Mikoil va Laylining nikoh tuzmoqlari uchun hukmdordan ijozat olib bermoqligini oʻtindi. Vale keksa vazirning shashti past, boshi xam ekanligini keyinroq fahmladi. Bilsaki, zindonband etilgan Qazviniy tuyqusdan jon beribdi. Uning oʻlimi taqi bir xiyonat tufayli roʻy berganligini, bu xiyonat esa har ikki xiyonatni yashirganligini fikr etgan vaziri a’zam mazkur shum xabarni sultonga yetkazishga yetkazibdi-yu, ammo oʻylaganlarini tashiga chiqarmabdi. U ana shundan dilgir boʻlib turgan ekan. Shul bois shoirning oʻtinchi oʻtinchligicha qolaverdi, chunki Nizom ul Mulk hozir sulton hazratlari ikkisining orasiga oʻzga hech bir gap jo boʻla olmasligini aytdi. Aslida sulton ham ketma-ket yuzaga kelgan bu hodisotlar ortida adovat morining yovuz boshi pinhon turganligini juda yaxshi anglagan edi.

Lekin Xayyom chekinmoqni istamasdi, chunki zabardast kelbatli sangtaroshi, yanaki mahrami Mikoilning iltijoli va mungligʻ nigohi koʻz oʻngidan ketmas, agarki shu bugun olampanohga roʻbaroʻ kelmasa, shoʻrlik sahroyi koʻzli yigitning arzi holini ul zotga yetkazmasa, ular boshiga bir shoʻrish yogʻiladigandek tuyulaverardi. Shundanmi, vaziri a’zamning ta’qiqiga qaramay, nadimlik mavqeidan foydalanib, sulton Malikshohning huzuriga kirdi. Biroq hukmdor allaqachon darddan forigʻ boʻlgan esa-da, uni xushlamay, hasta kishi yangligʻ qovoq uyib qarshi oldi. Shoir bunga ham sabr qildi-da, arzi hol etdi. Saljuqiy mayliga umid bogʻladi. Lekin Malikshoh oʻzgarmadi, uning gapini qoʻrs bir ovoz ila boʻldi:

-Saltanatning shuncha muhim yumushlari turganida ikki qulning taqdiri xususida bosh qotirmoqqa menda na toqat bor, na istak.

-Olampanoh!.. -dedi Xayyom iltijoli ovozda necha bor yaqin suhbatlarda orttirgan haddiga suyanib.

-Yanaki ul buzuqi kanizak hukm etilgan!- Sultonning soʻz ohangi tobora vahshatga yoʻgʻrilib borardi.

Xayyomning koʻzlari olayib ketdi, allaqachon tez-tez ura boshlagan yuragi qafasini yormoqqa chogʻlandi.

-Ne hukm?!-deb yubordi u beixtiyor.

Sulton unga gʻazabkor boqdi:

-Bu ne adabsizlik, amirul fuzalo?!-dedi va yuzini ters burarkan, qoʻshib qoʻydi, -Soʻzim tamom!..

Endi hech bir gapga oʻrin qolmagandi. Shoir mungʻaygan koʻyi ortiga qayrilib, eshikka yoʻnaldi, futlari uning jismini zoʻr-bazoʻr koʻtarib turgandek ogʻir-ogʻir qadam bosarkan, tojdorlarga chin yoronlik begonadir, degan qadim hikmatga taqi bir bora iymon keltirib borardi. Qani, shuncha yillik doʻstlik hurmati?! Qani, qilgan mehnatlari hurmati !? Qani?!.. Qani?.. Endi bechora Mikoilga ne soʻz aytadi? Suyganing hukm etilibdi deydimi?.. Hukm?! Bu ne hukm boʻldi? Yo Olloh, hukmdorlar qahridan xeshlarimni oʻzing asragaysen. Axir ular uchun avom taqdirining bir zarrachalik e’tibori yoʻq ekan-ku! Demak... Demak, oh urib, isyonda osiy boʻlgan ne-ne mardlarning shakkokligi, isyoni Yaratuvchiga emas ekan-da. Ular bu gʻaddor dunyoga, unda tangrilik da’vo qilgan shohu sultonlarga isyon qilibdilar-da. Nahotki shu oddiygina haqiqatni anglamoq uchun bir inson umrini yashamoq lozim boʻlsa?.. Nahotki shuning uchungina yashab oʻtilsa?!.. Xayyom rasadxona darvozasiga yaqinlasharkan, ichkaridan kelayotgan sarosimali gʻala-gʻovur va ojiz yigʻi-sigʻi ovozi qulogʻiga chalinib, qadamini jadallatdi.

Rasadxona sahnining roʻbaroʻdagi burchagida-oʻtinxona va Polvonning hujrasi oldida bir qancha kishilar jam turardilar. Birinchi boʻlib Xayyomga koʻzi tushgan Isfazariy yigʻlamsirab unga peshvoz chiqdi:

-Falokat, ustoz!..

Xayyomning kelganligini sezgan ahli rasadxona ikki yoqqa ayrilib, oʻrtada «yoʻlak» paydo boʻldi. Hamon oʻrnidan jilmay, xavotirdan karaxtlangan shoirning koʻzlari lahzalarda vujudga kelgan «yoʻlak» adogʻidagi qonga belangan jasadga tushdi. Tushdi-yu butun jismini titroq qamrab oldi. Ixtiyorsiz odimlar ila jasadga yaqinlashuvi asnosida, nigohiga ketma-ket urilayotgan tanish nimarsalar-jasadning etigi, chakmoni, katta boshi-yu va nihoyat yirik gavdasi tufayli shuurida uning kim ekanligi oydinlashib borardi. Bu Mikoil edi. Uning yuzi, boʻyni-yu koʻkragi titilib ketgandi. Xayyom oʻzini tutib qololmadi, avvalo ketma-ket oʻqchirkan, soʻng oshkora yigʻlab yubordi. Jasadning yoniga tiz choʻkdi va barmoqlari ila sadoqatli birodarining yuzinimi yoki boshini silamoqchi boʻldi. Biroq bu niyati niyatligicha qoldi, chunki ixtiyorsiz ravishda oʻng ilkini koʻtardi-yu Mikoilning na yuzida va na boshida qon tegmagan joy topolmadi. Qonga kaft bosmoqlikka esa jur’ati yetmadi.

-Bu ne koʻrgilik?-deya oldi arang yigʻi aralash.

-Polvon...-dedi uning yonboshiga asta choʻk tushgan Rindoniy ham oʻrtanib.

Shundagina yopiq eshik ortida vahshiyona irillayotgan ayiqning ovozi shoirning qulogʻiga kirdi. U juda ham bezovta edi.

-Qutiribdurmi?-deya soʻradi Xayyom bunga oʻzi ham ishonmayotgan boʻlsa-da.

-Alomati koʻrinmaydur.-dedi taqi Rindoniy javob berib.-Ammo qarib qolgani rost edi. Axir... -gapining uyogʻini aytmadi.

Xayyom esa uning ne demoqchi ekanligini darrov payqadi. Ha, el ogʻzida harki ayiqboz nihoyat oʻz ayigʻi changalida jon taslim etmogʻi haqida turfa rivoyatlar yurardi. Oʻrgatilgan ayiq borki, oʻz xojasini albatta oʻldiradi derdilar, demak, rost ekan-da. Bechora Mikoil! Uni shundayin mudhish oʻlimga giriftor boʻlur, deb kim ham oʻylabdi. Gʻajib tashlabdi-ya ul mahluq oʻz xojasini. Yanaki Mikoil shoʻrlik unga yemish olib kirgan ekan...

Xayyomning amri ila Polvonga zahar berdilar. Mikoilga esa hurmatu ehtirom koʻrsatib, soʻnggi manzilga kuzatdilar. Xayyom bosh boʻlgan ahli rasadxona aza ochdi.

-Ehtimol bu yaxshilikkadur. -deya oʻylardi yurak-bagʻri yonayotgan shoir. -Agar Mikoil tirik boʻlsa-yu oʻz Laylisining boshiga yogʻilgan shoʻrishdan xabar topsa, yanaki ikkisining qovushmoqlari uchun ijozat berilmaganligini eshitsa ne koʻyga tushardi?! Bu uning uchun oʻlimdan ham ogʻir boʻlmasmidi. Bunda ham Ollohning bir hikmati boʻlsa ne tong!..

3

Mikoilning qazosidan oʻn kuncha oʻtib, chahorshanbaning choshgoh mahali ahli Isfahon shohmaydonga chorlandi. Yuraklarga vahm solgulik darajada basma-bas chalinayotgan dovulnogʻoralar ovozi mudhish qatldan darak berardi. Anchadan beri bunaqa marosimlar oʻtkazilmaganligidanmi yoxud odamlar chindan ham tomoshaga shu qadar oʻchmidi, har holda olomon shohmaydon sari yopirilib kela boshladi. Qatl etilguvchi kim ekanligidan xabarsiz boʻlgan Xayyom ham sulton va vaziri a’zamning istagiga binoan shogirdlarini ergashtirib qatlgoh sari yoʻl oldi...

Nihoyat azador shoir vaziri a’zamning sogʻida turardi. Nizom ul Mulkning narigi yonidagi supada taxt uzra sulton Malikshoh va malika Turkon Xotun hamda ularning ikki tarafida shahzodalar oʻltirardilar. Supa atrofidan esa saroy a’yonlari joy olgandilar.

Maydon tevaragi odamga liq toʻlgandi. Oʻrtada bir odam sigʻgulik handaq kovlanib, tuprogʻi yoniga uyib qoʻyilgandi. U yerda ikki jallod tosh yangligʻ qotib turardilar. Maydon -doira chetida qisilgudek gʻuj-gʻuj boʻlib tizilgan olomonning roʻbaroʻsiga-uch-toʻrt joyga tuxumdek, mushtdek toshlar uyub qoʻyilgandi. Xayyom angladiki, mahkum sangboʻron qilinur, demak, u zinokorlar ahlidan.

Xaloyiqning gʻala-gʻovurini tuyqus avj olgan dovulnogʻoralarning dunyoni larzaga solgulik ovozi bosib ketdi. Barcha bandi olib kelinadigan tomonga qaradi. Hademay avomning nigohi qadalgan yoqda mahkumning sharpasi koʻrindi. U-Layli edi. Uning oldida zindonbon va ortida zindondagi oʻsha darranda mengiz isqirt kelardilar. Laylining futu ilkiga ogʻir kishanlar qadalgan, egnida aslida oq boʻlgan, ayni zamonda esa kir-chir, dogʻ-dugʻ va gʻijim ichkoʻylak. Sochlari parishon toʻzgʻigan, iflos. Yuzu boʻyni momataloq boʻlib ketgandi. Ortidagi isqirtning ketma-ket «tezroq yur» deganday turtkilashidan va qizning hurkib-hurkib qoʻyishidan zindonda uni rosa azoblab, xoʻrlaganligini sezish mumkin edi. Nozik qad qiz shoʻrlikka ilingan zil-zambil kishanlarning shaqirlashi nogʻoralar ovoziga joʻr boʻladi va bu joʻrlik yuraklarga batarroq vahmu gʻulgʻula soladi. Layli to maydon oʻrtasiga-handaq yoqasiga kelmaguncha hech qayoqqa alanglamadi. Gʻoz turgan jallodlar yonida toʻxtagach, boshini tik koʻtardi va pahmaygan sochlari ikki yoqqa surilib, soʻlgʻin nigohi ila atrofga nazar soldi. Chetlari koʻkargan, taqdirga tan berib, befarqlik choʻkkan koʻzlari kimnidir izlardi.

Hali dovulnogʻoralar avj olib, oʻsha tomonga qaragan Xayyom zindonbon yetovidagi mahkumani koʻriboq, uning kim ekanligini gumonlagan, soʻngroq tanigan edi. Laylini tanigan zahoti boʻgʻziga nimarsadir tiqilib, kipriklarining osti achishdi. Ne qilarini bilmay, bezovtalandi, Mikoil ila Laylining qaro qismati oldida oʻzining naqadar ojizu imkonsiz ekanligini his qilgani va hatto tan olgani sari ixtiyorsiz boʻlib, tipirchiladi. Yo gʻaddor dunyo! Endi bunisi ne koʻrgilik, ne shoʻrish?! Kechagina Mikoil qazo qilgan edi. U bechora Laylini oʻylab qancha oh urdi, taqdirlarini bogʻlamoqlikka urinib, qancha sa’y etdi va oxiri oʻlimdan gʻofil qolib, armonda ketdi.

Layli esa uning achchiq qismatidan xabarsiz edi. Ehtimol oʻtgan shuncha kunlar mobaynida yorini koʻzlari toʻrt boʻlib kutgandir, uning ayni zamonda chorasiz turgan xojasi koʻmagida oʻzini ozod etmoqlariga umid qilgandir. Ammo umidi bu foniy dunyoni avvalroq tark etib ketganligini, goʻyo sohibi imkonday tuyulgan uning xojasi esa hozir koʻz yoshlaridan najot kutayotganligini qaydan ham bilsin ul shoʻrlik! Ana, layli boshini koʻtardi. Yo tavba, uning soʻlgʻin nigohini, oradagi anchayin masofaga qaramay, Xayyom aniq-tiniq koʻrdi. Bu nigohlar kimnidir izlardi. Balki Mikoilnidir? Va yoki... Nahotki malikani qidirayotgan boʻlsa?!..

Sultonning ijozati va muhtasibning ishorati ila halitdan buyon hozir turgan jarchi birdan tilga kirdi. Uning jarangdor, shuning barobarida quloqlarni teshib yuborguday baland ovozi ulamolar jamoasi chiqargan mudhish hukm haqida xabar berdi. Layliga zinokorlik tamgʻasi bosilib, sulton Malikshoh xonadoni sha’nini bulgʻaganlik aybi qoʻyilgandi va sangpor etilmoqqa hukm qilingandi. Aslida esa shariat bundayin hukmga yoʻl bermasdi, illo zinokor erkak ham, ayol ham oʻzga bir inson ila nikoh qilinmagan boʻlsa, darra urilishi lozim edi. Laylining ixtiyorsiz qul-kanizak ekanligi esa, har qancha gunohkor boʻlmasin, Islom shariatida yanada yengillik berurdi. Hozirgi hukm malika Turkon Xotunning xohish-irodasiga binoan chiqarilgandi.

Hukm oʻqib boʻlindi hamki, ikki jallod harakatga tushib qoldilar: avvalo Laylining futu ilkidagi kishanlarni yechib tashladilar, soʻngra uning ikki yelkasidan tutishib, handaqqa tushirdilar. Handaq qizning koʻkragidan yuqoriroqqacha kelardi. Layli jallodlar yelkasidan tutgani hamono ojiz bir talvasaga tushganday boʻldi, entikib yigʻladi ham shekilli. Bungacha oʻzini gʻoyat beparvo tutgan edi, endi esa ayolligiga bordi va yoxud joni koʻziga koʻrinib ketdi chogʻi. Jallodlar handaq yonidagi tuproqni tortishib, Laylini koʻma boshladilar.

Bu dam Xayyom adoyi tamom boʻlgan edi. Yuragi koʻkrak qafasini yorib yuborguday alpozda urar, butun vujudi sim-sim oqib, madorsizlanib borardi. Koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan, tinmay entika-entika «Yo Olloh! Yo Olloh!» derdi, oʻzining ilojsiz ekanligidan, suyukli birodarining yoriga, hech yoʻq vafotidan keyin boʻlsa-da koʻmak berolmaganidan ezilardi. Ana, har qancha ehtiyot boʻlmasin, jallodlarning biri keskinroq harakat qilib yubordi va chuqurga surilayotgan tuproqning navbatdagi bir qismi qizning boshiga kelib tushdi, uning sochlari butkul tuproq boʻldi. Nafaqat Xayyom, balki xaloyiq aro ham koʻpchilik oh urib yubordi. Oʻsha jallodning bir toʻxtalib olib, atrofga xijolatli nazar tashlab qoʻyganidan u jallodlik va yoki qatl odobi-qoidasini buzganligini fahmlash mumkin edi. Filhaqiqat, jallodlar boyagi isqirtga aksil oʻlaroq, mahkuma ila gʻoyat ehtiyotkorlik ila munosabatda boʻlmoqda edilar.

Xayyom oʻsha on oʻrtanib oh urarkan, bir zamon Gʻazzoliy ila suhbatda ne sababdandir eslaganlari Hazrati Umar voqeasi yodiga tushdi: johiliyat davrida arab qabilalari xonadonlarida qiz farzand tugʻilsa, uni tiriklayin koʻmib yuborar edilar. Hali Islomga kirmasidan avval Hazrati Umar ham oʻz qizini ana shunday qismatga giriftor etgan edi. Oʻshanda jajji qizalogʻi oʻzi koʻmilajak chuqurni kovlashda padariga yordamlasharkan, uning soqoliga tuproq sachraganini koʻrib, «voy, otajon, soqolingiz tuproq boʻldi-ku», deya erkalanib, kichkinagina barmoqlari ila uni qoqib tashlardi. Keyin esa johil ota... Bu voqea har safar Hazrati Umarning yodiga tushganida dodlab yuborar edi. Xayyom shularni xayolidan oʻtkazarkan, oʻzi ham faryod urib, beixtiyor qiz tomon tashlanmoqchi boʻldi. Yaxshiki, vaziri a’zam uni kuzatib turgan ekan, siltangani hamono bilagidan mahkam tutib, anchagacha qoʻyib yubormadi.

Layli sochlarini bir-ikki silkib, tuproqni qoqib yuborgan boʻldi va boʻynini qiyinchilik ila burib, allaqachon nafratu gʻazab choʻkib ulgurgan nigohini hukmdorlar oʻltirgan supa tomon qaratdi. Jallodlar esa hamon tuproq tortishar va uning biron zarrasi mahkumaning koʻzlariga kirib ketishidan ehtiyot boʻlayotganliklari harakatlaridan yaqqol sezilib turardi. Unga sayin Layli boshini burib, malikani, toʻgʻrirogʻi, uning nigohini qidirardi. Nahotki orada shuncha masofa boʻla turib, yanaki, qariyb tuproq ostidan birovning nigohini, koʻzlarini koʻrmoq mumkin boʻlsa? Buning ustiga malika yuziga harir parda ham tortib olgan edi. Ha, agar koʻngil istasa, oʻrtadagi masofa hech ekan. Chunki bagʻri nafratu alamga toʻlgan Layli ham Turkon Xotunning koʻzlarini topdi. Ana, ular doimgiday yovuzlik va makrga yoʻgʻrilib boqib turibdilar. Yelkasigacha tuproqqa botgan Layli bu koʻzlarga boqib, ularning sohibasi oʻz muzaffariyatini tantana qilayotganligini payqadi. Bu nimarsa uning uning vujudidagi olovni batarroq avjlantirdi.

-Ilohi, mening yosh boshimga yogʻdirgan balolaring oʻz boshingga oʻn hissa boʻlib yogʻilsin!-derdi uning nigohi. -Ilohi, butun taning irib, bolalaring ham xazar qilgulik ahvolga kelib, xor boʻlgʻaysen! -Endi uning boʻgʻziga yigʻi tiqilib, koʻzlariga yosh toʻldi. -Yo Olloh! Gunohlarimni oʻzing kechir!.. Mikoil, qanisiz, Mikoil?! -Yosh tufayli xiralashgan koʻzlari jovdirab, odamlar orasidan seviklisini axtardi. -Mikoil!..

Bu payt mahkumani qatlga hozirlab boʻlgan jallodlar taqi gʻoz turib, muhtasibning fatvosini kutmoqda edilar.

Muhtasib sultonning ruxsati ila qatlga fatvo berdi, xaloyiq «Omin!» deya na’ra tortdi. Soʻng u ilkidagi kichkinagina toshni mahkumaga tomon ohista otdi. Tosh kichkinaligi bois qayergadir tushib, koʻzdan gʻoyib boʻldi. Bu ishorat edi. Ikki jallod ham mushtdek-mushtdek toshlarni qoʻllariga olishib, nari bordilar va mahkumaning tuproqdan chiqib turgan boshiga qarata otdilar. Ular bu yumushning hadisini olgan edilar va ularning mohirliklari mahkumlarni mislsiz azoblardan xalos etmogʻi ham aniq edi. Mana, Ollohning mehribonchiligidanmi yoxud qoʻrquvdanmi, asta hushi ogʻib, shuuri xiralashayotgan Laylining ogʻzidan ixtiyorsiz uchgan «Olloh!» kalomidan soʻng jallod otgan tosh kelib, uning chakkasiga tegdi. Tegdi-yu boshi bir tomonga ogʻib qoldi. Ikki jallodga boyagi isqirt va olomon ichidan ajralib chiqqan ba’zi johillar ham ergashdilar. Ular oʻlik bosh uzra tosh yogʻdirdilar.

Koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan Xayyom bir siltanib ortiga burildi-da, maydonni tark etdi. U yo tojdorlar davrasidan, yoki qatlgohdan va yoxud oʻzidan qochib borardi.

Yettinchi bob

Yelkasigacha tuproqqa koʻmilgan Layli va jaholat tufayli norasida qizini tiriklayin koʻmib yuborganligini eslab, oh urayotgan Hazrati Umarning suvratlari Xayyomning xayolidan ketmay qoldi. Endi uning oʻzi ham oh urardiki, ohining otashi yetti osmonni kuydirgulik edi. U Laylining qatlidan soʻng hukmdorlar va toj-taxt ila raiyat, ya’niki xalq oʻrtasida hech qachon yaqinlik, ittifoqlik qaror topmasligiga taqi bir bora iymon keltirdi. Toju taxt mislsiz kuch-qudrat va hadsiz ixtiyoru cheksiz imkonlar manbai boʻlsa, avomlik-bu faqirlik, nochorlik va mahkumlik ekan. Bu ikki hilqat aro hech qachon adolat chizigʻi tortilmas-Xayyom shuni anglab yetdi. Zero hisobsiz mol-dunyo va hadsiz ixtiyorga ega boʻlgan odamdan, ya’ni bandadan adolat kutmoqlik shubhali. Banda-baribir banda, odam-baribir odam, chunki uning avvali-otasi (Odam Ato nazarda tutilmoqda) xatokor. Bul xatokorning qoni ila oziqlangan gunoh mori har daf’a xurujga shay. Ana shuning uchun ham uning fe’lidagi sobitlik omonat...

Agar adolat qilsa, ne-ne olimu fozillarning, qanchalab ahli ziyoning manglayini silagan, ulkan rasadxona, madrasa-yu masjidlar qurgan, moʻminlar xaloskori boʻlmish sulton Malikshoh adolat qilardi. Lekin uni ham hadsiz sohib ixtiyorlilik mahv etdi. Yoʻq, ehtimol u ham har kishida boʻlguvchi lahzalik insoniy ojizlik tufayli xotiniga-malika Turkon Xotunga yon berib qoʻydi. Makkora malika esa gʻanimat fursatni boy bermadi va qasos shamshirini shoʻrlik Laylining boshi uzra sermadi.

Donishmand vaziri a’zam sultonni ayollar ta’siridan saqlashga koʻp sa’y etardi. Bu haqda hukmdorga goho pinhona, goho oshkora ishoratlar qilib, tanbeh- (nasihat)lar berardi. Hatto oʻzining shoh risolasi «Siyosatnoma»da ham bu mavzuga alohida fasllar kiritgan edi. Xayyom ularni oʻqigan va gap kim haqida ketayotganligini ham bilardi. Mana, ne deb bitgandi u «Siyosatnoma»ning «Xotinlar xususida» bobida: «Hukmdorning izmidagi kishilar zinhor-bazinhor xojalik martabasiga koʻtarilmasliklari lozim, illo mana shu tufayldi ulkan isyonlar tugʻilib, u, ya’ni sohibi toj qudrat va shavkatidan mosuvo boʻlur. Bu, ayniqsa, shuuri noqis, «toʻshak ahli» boʻlmish xotinlarga taalluqlidir. Ularning mavjudligi naslning bardavomligiga boisdir. Ular qancha moʻl tugʻsalar, shuncha hurmatli, nechogʻli kamsuqum boʻlsalar, oncha sharafga loyiqdurlar. Agar hukmdorning xotinlari farmonbardorlik qila boshlasalar, ular oʻzlaricha emas, hasadgoʻy kimsalarning fikriga binoan amr etadilar. Chunki ular eran misol barcha tashqi yumushlarni oʻz koʻzlari ila koʻra olmaydilar va amru farmonlari hufiyalari hamda chaqimchilarning keltirgan xabarlariga asoslanadi. Shuning uchun ham ularning hukmi aksar hollarda haqiqatga zid boʻladi. Ziyon shundan tugʻilur va hukmdorning shonu shavkatiga putur yetur.

Qadimda ham hukmdorlarning xotinlari ustun kelgan paytlarda isyonu nafrat, zulm va yovuzlikdan oʻzga nimarsa vujudga kelmagan...»

Xayyom vaziri a’zamning mashhur risolasidagi bu gaplarni yaxshi eslaydi. Nizom ul Mulk hatto farmonbardorlikka oʻtgan xotinlar keltirguvchi ziyonlar haqida bitarkan, bir necha hikoyatlarni ham bayon etgandi. Shoirga, ayniqsa, ushbu rivoyat yoqardi: emishki Iskandari Rumiy Ajam mulkining hukmdori Doro ibn Doroni yengib, uning mamlakatini ishgʻol etibdi. Doro esa qochib qolibdi... Doroning bagʻoyat sohibjamol qizi bor edi. Umuman uning jamiki ahli ayoli husnda tengsiz edilar. Muzaffar Iskandarga dedilar:

-Doroning haramiga bir koʻz tashlasang boʻlardi. U yerda oy yuzli, huri pariylarga qiyos goʻzallar bor. Ayniqsa, Doroning qizi husnda tanhoki, olamda tengi topilmas.

Soʻzlaguvchilar Iskandarning oʻshal goʻzalni koʻrishini va beqiyos husniga oshiq boʻlib, unga uylanishini istardilar.

Iskandar esa ularga javoban shunday debdi:

-Men ularning erlarini yengdim, zero endi ularning xotinlari bizlarni mahv etishlarini istamasmen.

Ha, tojdorning oʻz xotinining hukumat yumushlariga aralashuviga izn bermogʻi oʻziga oʻzi qabr qazimogʻi ila barobardir. Xayyom shuni oʻylarkan, sulton Malikshohdek qudratli hukmdor ham xotiniga yon berib qoʻyganligidan nadomat chekdi. Oqibatda esa bir navnihol ayol nobud boʻldi.

Keyingi kunlarda Xayyomning yuragidagi avvalgi tugʻyonlar taqi avj oldi, u yana oromini yoʻqotdi. Biroq endi bu tugʻyonlar parokanda va yoxud xira emas, aksincha, shuuriga ajib fikrlarni solguvchi yolqinli va yorqin edilar. Endi u barcha ranglarni aniq-tiniq koʻra olardi va hatto ularni his qilardi. Uning hislari ham ranggin edi. Uning ayni damdagi tugʻyonlari halovatli edi, goʻyoki quvvai hofizasining ikkinchi hayoti boshlangandek tuyulardi. Qalbida she’r zavqi joʻsh urgani sariyn oʻzini, dunyoni anglashga urinardi.

U tunu kun toat-ibodat va ijod ila mashgʻul boʻlardi. Fikrlar toʻlqini bagʻrini yorguday jahd etardilar. Ayni paytda u «Borliq haqida risola» otligʻ falsafiy asarini yozardi. Aslida hozir falsafaga uncha xushi yoʻq edi, fikrlarning mantiqliday koʻringan mantiqsiz chaynalishlaridan zerikkandi. Bunga ehtimol yoshining ulgʻaygani sabab boʻldimi yoxud koʻnglidagi keyingi evrilishlar bois ravon va jimjimasiz soʻzlashga ixtiyor sezdimi, har tugul falsafadan toliqdi. Balki bisyor toat-ibodat tufayli qalbida paydo boʻlgan nur bunga monelik qilarmidi. Lekin ne qilib boʻlsa-da bu yumushini nihoyasiga yetkazmoqqa sa’y etardi. Hozir ham barmoqlari orasida xoma (qalam) tutgancha nimarsalarning oʻzaro munosbatlari xususida bosh qotirib oʻtirarkan, beixtiyor chalgʻidi. Koʻz oldida keksa vaziri a’zamning soʻlgʻin chehrasi namoyon boʻldi. U ila oʻsha mudhish qatl kunidan buyon koʻrishmagan edi. Lablarida bilinar-bilinmas tabassum zohir boʻlib, ilkidagi xomaga mehr ila tikildi. Bu xoma emas, vaziri a’zamning xuddi oʻzidek edi goʻyo. Chunki bu qimmatbaho xomani vaziri a’zam in’om qilgandi. Nizom ul Mulk ham Xayyom misol xomaga ayru mehr va hurmat ila qarardi. Bu bashariyatning buyuk kashfiyoti derdilar ikkisi ham. Zero qalamsiz soʻz badansiz jonga oʻxshaydi va soʻz qalam ila birlashganidan soʻng jon ila badan ittifoqi yangligʻ abadiyatga dohil boʻladi. U xuddi chaqmoq tosh va poʻlatdan osonlikcha chiqmaydigan hamki uchqundan darhol nurga aylanmaydigan olovga qiyosdir.

Bir kuni vaziri a’zam Xayyomning arzon xomada qiynala-qiynala xat bitayotganini koʻrib qoldi. Shoir juda bosib yozar ediki, qogʻoz qattiq qitirlab, xoma uchi bukilib ham ketardi. Shundan soʻng vaziri a’zam suyukli shogirdiga bir necha shamsulma’oliy deya ataluvchi xoma tortiq qildi. Xayyom ham xomalarni juda yaxshi farqlar va ular tarixiga oid xoʻp qiziq va hikmatli hikoyatlarni bilardi. Ya’niki shamsulma’oliy xomasining sifatlaridan ham yaxshi boxabar edi-u Bagʻdod yoxud Misr qamishidan yasalardi. Aslida ham qalamning xos xillari Iroq zaminida tayyorlanardi va turfa nomlari bor edi... Xayyomning lablaridagi tabassum yanada chuqurlashdi.

Yo Olloh! Hikmating naqadar cheksiz-chegarasizki, mana shu kichkinagina buyum bois bir necha lahzada xayolan dunyoni kezib chiqmoqqa toʻgʻri keldi-ya. Ana senga nimarsalarning oʻzaro munosabati-yu ayru hamda uzviyligi. U taqi falsafiy mushohadaga shoʻngʻib ketishdan bezdimi, shahd oʻrnidan turdi-da, oshyonasidan tashqari chiqdi. Tun bagʻoyat osuda edi. Koʻksini toʻldirib nafas olarkan, doimgidek yulduzlarga intiq tikildi. Shu on qulogʻiga tanish sharpa urildi. Hoynahoy Abul Muzaffar boʻlsa kerak, deya oʻyladi u va oʻsha tomonga yurdi. Soʻnggi kunlarda bu shum shogirdi ham kam uyqu boʻlib qolganligini, tunlari usturlob yonidan ketmayotganligini sezib yurardi. Filhaqiqat, hozir ham Abul Muzaffar usturlob yonida ne iladir mashgʻul, toʻgʻrirogʻi, oʻz yumushiga gʻarq boʻlib turardi. Dam bir muddat usturlobdan samoga tikilar, dam shitob burilardi-da, oldidagi chizmalarga nelarnidir belgilardi. U Xayyomning kelganini ham sezmadi.

Shoir uni havas ila biroz kuzatarkan, avvaliga indamay qaytib ketmoqchi ham boʻldi. Biroq soʻng taqi oʻz hujrasiga qamalishini oʻylab, niyati oʻzgardi. Jonsarak shogirdining ilhomini buzganidan xijolat boʻlibmi, ojiz tomoq qirdi.

Isfazariy «yalt» etib unga qaradi.

-Iye, ustoz... Assalomu alaykum...-dedi shoshib unga peshvoz chiqarkan.

Xayyom yoqimli jilmaydi. Usturlob yonidagi keng xontaxtaga yaqin kelib, uning ustidagi chizmalarga koʻz tashladi. Ularning barida euyosh va uning atrofiga porgor (sirkul) ila qavat-qavat bir necha doiralar chizilgan, doiralarning besh joyiga esa dumaloq belgilar qoʻyilgandi Bu Quyosh tegrasida harakatlanuvchi sayyoralar edi. (U zamonlarda fanga Quyosh sistemasidagi beshta sayyora ma’lum edi xolos.) Samo haqida gap ketguday yoki unga dohil nedir roʻy bersa, shoirning bagʻrida xush, valekin halovatsiz etguvchi bir olov paydo boʻlardi. Hozir ham qalbida oʻsha olovga uyqash tanish zavq junbushga keldi. Shu asno qiziqish ila kezingan nigohi taqi bir oʻzgacha chizmada toʻxtadi. Undagi belgilarga qarab, bu yulduzlarning Somon Yoʻli turkumi ekanligini tushundi. Biroq Somon Yoʻlining qoq markaziga chizilgan doiralarning ne ekanligini anglolmadi. Qatma-qat chizilgan uzluksiz va tobora kichrayib borguvchi doiralar (xuddi prujina kabi), goʻyo koinotning qa’r-qa’riga singib ketayotgan nigohning tasavvuriy harakatiga oʻxshaydi. Shoir darhol oʻzini butkul unutib, chizmaga qattiq tikilib qoldi. Ustozining bu koʻyidan Isfazariy ne uchundir bilinar-bilinmas bezovtalandi. Shoirning bir yangilikka tashna va yoxud hayrat ilinjida «bu ne?», deya aytgan soʻrogʻidan soʻng hatto oshkora oʻngʻaysizlandi. Hadeganda javob qaytaravermagach, u Abul Muzaffarga sinchkov boqib, taqi savolini qaytardi:

-Bu nening belgisi erur?

Isfazariy duduqlandi:

-Afu etgaysiz, ustoz. Men... To oʻzim butkul ayonlashtirib olmagunimcha buni sizga oshkor etmoqni istamagandim. Bundan hattoki Vositiy ham voqif emas.

Azali tezob Xayyomning toqati toq boʻlib, zardasi qaynadi:

-Tafsilotin muxtasar qilsangchi!

Shogirdi sergak tortib, bir seskandi-da, aniq-ravshan dedi:

-Men bir nur koʻrdim, ustoz.

-Qayerda?

-Somon Yoʻlining qoq markazida. -U shunday deya koʻrsatkich barmogʻi ila boyagi chizmaning qoq oʻrtasiga ishora qildi. -Bagʻoyat olisdan kelmoqda u, nazdimda, bizning falakdan tashqaridan... Avval ikki bor koʻrgan edim, ammo koʻzlarimga ishonmadim. Bugun esa uchinchi bor...

Xayyom shoshib usturlobga yopishdi.

-Qani, koʻrsat menga! -Lekin harchand tikilmasin begona nurni koʻrolmadi. -Qani u?

Endi Isfazariy usturlob orqali samoga termuldi, biroq oʻz kashfiyotini topolmadi.

-Hozirgina koʻrgan edim...

-Nega avvalroq xabardor etmading. -Xayyom chinakamiga xafa boʻldi. -Shundayin nimarsadan meni... U ne deb taxmin etding?

Isfazariy tortinibroq dedi:

-Fikrimcha, bizning koinot-falakdan tashqari taqi bir falak bordek.

Shoirning koʻzlari chaqnab ketdi.

-Bilardim!-dedi u bir oʻt ogʻushida va parishon tortdi. -Bilardim!..-dedi endi goʻyo oʻziga oʻzi gapirayotganday va Isfazariyni ham unutib, oshiyonasi tomon ohista yoʻl oldi.

Vo ajab, deya oʻylardi u butun vujudi jimirlab, axir Olloh taboraka taolo oʻn sakkiz ming olam haqida xabar berganida biz koʻrib turgan sayyora-yu yulduzlarni nazarda tutmagan-ku. Subhonolloh!

Qudrating bunchalar beqiyos, Tangrim!.. Ha, Abu Homid (Gʻazzoliy), siz tabiiyunchi olimlar Olloh taolo allaqachon mukammal qilib yaratib qoʻygan borliqning bir unsurini oz-moz anglagach, uni kashfiyot ataysizlar va oʻz bilimingizga bino qoʻyasizlar, olimlik da’vo qilasizlar, deganida ming chandon haq edi. Aslida haqiqiy Olim yolgʻiz oʻzi emasmi?! Gʻazzoliyni eslab uning sogʻinch toʻla koʻngliga iliqlik indi, keyingi kunlarda uni tez-tez xotirlaydigan boʻlib qolgandi. Yo Abu Homid, qaylarda, siz? Taqi uning soʻzlari shuuriga urildi: «Ibodatdan sovish shaytonning tuzogʻiga ilinish, shaytonning hiylasiga aldanishdir. Bu tuzoqqa magʻrurlar ilinadi...» Ya’ni men kabi aqliga, ilmiga bino qoʻyganlar. Xayyom doʻstining soʻzlarini eslarkan, ularda oʻz suvratini koʻrayotgandek boʻldi va taqi xotirotiga zoʻr berdi: «Ular oʻzlarini basirat sohibi, sir-sinoatdan boxabar fatonat ahlidan deb bilishadi. Istigʻforga oʻrgangan tilga istehzo bilan «qalb gʻaflatda ekan, tinimsiz istigʻfor aytgandan ne foyda», deyishadi. Bul xiylaga munosabat jihatidan xalq uch qismga boʻlinadi: nafsiga zulm qilganlar, muqtasidlar (oʻrtacha, me’yorida harakat qilganlar) va yaxshi ishlarda peshqadam boʻlganlar.

Yaxshiliklarda peshqadam boʻlganlarning kim ekanligi shundoq ham koʻpchilikka ayon. Nafsiga zulm qilgan magʻrur kishiga kelsak, u oʻzini qalbga xos nozik jihatlarni ilgʻaydigan zakiy sanab, manmansiraydi. Natijada uning qalbida xolislik yoʻqoladi, tili zikrni tark etadi. Bu qilmishlari ila shaytonga koʻmak beradi, gʻurur arqoniga osilib, tuban ketadi. Shu bilan shayton va u kishining orasida toʻla sheriklik hosil boʻladi»... Men ayni shu toifaga mansub emasmanmi? Goʻyo oʻzimni qalb olamini anglaguvchi odam bilib, turfa ishoratu gʻaybga xosliklarni kashf etgandek bilmaganmidim oʻzimni? Ayni shunday! Hatto bir nimarsalar koʻzimga koʻrinib, bashoratlar qilganim va oʻzimni barchadan ayru sezganim ham rost-ku... Aslida esa haqiqat va chin bandalik oddiygina ibodatdagi sobitlikda, ixlosu koʻngilni asramoqda ekan. Har banda xatokordir. Men esa xatokorlarning xatokorimen... U ilkiga xomani olib, haligina bezib, tark etgani falsafiy risolasining hoshiyasiga ushbu satrlarni bitdi:

Afsus, umr behuda boʻlmishdir barbod,
Boʻlmadik haromdan bir nafas ozod.
Buyurganing qilmay yuzim qarodir,
Amringdan tashqari ishlarimdan dod!

Shoir oxirgi soʻzni yozib boʻlib, beixtiyor qayrilib, roʻbaroʻsidagi moychiroqning bilinar-bilinmas toʻlgʻanayotgan tiliga tikilib qoldi. Koʻzlari katta-katta ochilib, lablari hozirgina bitgan she’rining oxirgi ikki satrini pichirladi:

-Buyurganing qilmay yuzim qarodir,
Amringdan tashqari ishlarimdan dod!

Bu uning bir necha fursatdan buyon zimiston ogʻushida qolgan qalbidan otilayotgan otash xitobi edi. Oʻzi ham buni mana endi his qildi. Axir she’r bitmay qoʻyganiga qancha boʻlgan edi-yu! U malomat ahlining uning sha’niga turfa tamgʻalar ichra shakkoklik otligʻ nomni ham tirkayotganliklarini orqavarotdan eshitib yurardi va goho oʻzi ham koʻnglidagi, shuuridagi bu isyonni nahotki Yaratuvchiga boʻlsa, deya ishtibohga borib qolardi. Nahotki men Ollohga isyonda boʻlsam?! Hozir bildiki, uning bu isyoni Tangri taologa emas, oʻziga, oʻzining noshudligiga nisbatan ekan. U oʻz amalsizligi ila ato etilgan hayot atalmish ne’matni, ilohiy taqdirni ham bulgʻayotganligini, chinlikni yolgʻonlarga toʻldirayotganligini payqab qoldi. Yillar oʻtib, keyingi odamlar buni tushunarmikinlar?..

Kimdir tomoq qirdi. Shoir chiroq nuridan xiralashgan nigohini eshik tomon burdi. Ostonada Rindoniy turardi.

-Biron yegulik keltiraymi, xojam? -dedi u Xayyomning parishon koʻzlaridagi xayol andishasida.

Shoir olislardan qaytgandek boʻldi. Darvoqe, kechki tanovvulni ham istamagandi, bechora keksa Rind och qoldi, deb oʻylagan-da.

-Zarurati yoʻqdur, Rind.-dedi u tabassum qilishga urinib.

Rindoniy «xoʻp boʻladi» degan ma’noda bosh irgʻab, ostonadan gʻoyib boʻlarkan,

-Afu etgaysiz. -deb ham qoʻydi.

Xayyom beixtiyor qorni ochgan yoki ochmaganligini oʻylarkan, taqi Gʻazzoliy yodiga tushdi: bu Xudoning suyukli quli hamisha roʻzador yurardi. Rangi siniq koʻrinar, ozgʻin ham edi. Bir safar Mikoil rahmatli, oʻsha Xayyom ila Gʻazzoliy uzluksiz muloqotda boʻlgan kezlari, hayratini yashirolmay shunday degandi:

-Xojam, bu odamning hech yoʻq bir qultum suv ichganini ham biron marta koʻrmadim. Qachon qaramang, roʻzadorman deydi. Hoynahoy farishta emasmikin?

Xayyom bu gapga kulib qoʻya qolgandi. Endi bilsa, Ollohning oshigʻi, ilmpesha boʻlgan bandaga yemak-ichmak unchalik ham muhim emas ekan. Koʻnglini uygʻotmoq ilinjida boʻlgan kishilar uchun yemakdan tiyilmoqlikda goʻzal mujdalar, huzurbaxsh fayzlar mavjud ekan. Buni endi-endi fahmlayapti.

Bir kuni, Mansur Hallojning maqomi haqida suhbatlashganlarida, Abu Homid aytgan edi: Halloj har kecha-kunduzda ming rakat namoz oʻqirdi va hamisha roʻzador boʻlardiki, ikki kunda bir iftorlik qilardi. Uning vujudi shu darajotda nurga yoʻgʻrilib, misoli harirlashib ketgan ediki, Quyoshga orqa qilib turgan boʻlsa, oldida uning nurlarini koʻrmoq mumkindek edi. Ya’ni unda vujud yoʻq edi. Yo Olloh, bu ne maqom?!..

Oʻsha ikkisi shahar tomoshasiga chiqishgan kuni Shokir Talxning doʻkonida toʻxtashganida ham Gʻazzoliy sharbat ichmagandi. Shoir keyin bildiki, u xalq nazarida tanavvul qilmoqdan ham tiyilar ekan. Ammo Xayyom kishini mutaassir etguvchi taqi bir voqeotdan xabarsiz qolgandi. Ya’ni Gʻazzoliy oʻsha kech xonasiga qaytib, bir kunni ibodatsiz, zikrullohsiz va ilmpeshaliksiz oʻtkazganligidan boʻzlab, tuni bilan istigʻfor aytib chiqqandi. Bunisi ne maqomu asror, yo Olloh?!..

Gʻazzoliy bagʻoyat tanqis soʻzlardi va goho soʻzlamoqqa har qancha zarurat boʻlmasin, sukut saqlay olardi. Oʻsha kuni ham taqdir va oxirat xususida soʻz ketdi. U paytlar Xayyomning aqliga bino qoʻygan davrlari edi. Oʻshanda bergan savolini endi oʻylasa, xijolatga yoʻgʻriladi.

-Xoʻp, jannat yaxshilar uchun buyuk ajr ekan,-degandi u oʻsha suhbatda, -jannatiy bandalar mangu huzur-halovatga sazovor boʻlar ekanlar. Xoʻsh, oʻsha mangulikdan keyinchi, axir uning ham chek-chegarasi bordir? Abadiy huzur-halovat zeriktirmaydimi?

Gʻazzoliy indamadi. Bu qaltis va shakkokona savolga javob topolmaganidan emas, suhbatdoshining shayton domida ekanligini payqaganligi bois sukut saqladi.

Ha, Olloh taolo odamni oʻz muakkillari-farishtalari (farishtalarning toifalari juda xilma-xil boʻlib, har bir harakat va har bir ish uchun alohida-alohida farishtalar «mas’ul» boʻladilar.) orqali idora etadi, tasarruf qiladi. Ya’niki hech bir yumush yoxud hodisa taqdirdan ayru holda roʻy bermaydi. Agar odam oʻz taqdiridan (farishtalar ta’siridan, Olloh iznidan) chalgʻisa, uni Ollohning oʻzga koʻrinmas mavjudotlari oʻz izniga ola boshlaydilar. Mana shunisi oʻta xatarli. Unda odamning shaytoniy sifatlari koʻpayib boraveradi.

Shoir bu haqda koʻp oʻyladi va nihoyat taqdir haq ekanligiga iymon keltirdi. Ha, inson umrining har bir lahzasi, oni va hatto uning har bir harakati bitib qoʻyilgan, u oʻsha bitikdan tashqariga chiqolmaydi. Uni Ollohning koʻzga koʻrinmas «vakillari» boshqarib turadi, chunki bu olam va undagi hayot buyuk reja asosida yaratilganki, odam umri unga chambarchars bogʻliqdir. Aks holda yer yuzidagi hayot, bashar umri ayqash-uyqash boʻlib ketardi. Aql kishilari buni bir kuni albatta tushunib yetadilar. Xuddi Xayyom kabi. Axir Oyu Quyosh, yulduzlar va umuman bularning hamma-hammasi mujassam boʻlgan koinot yagona qoida itoatida belgilangan vaqtda harakat qilmasalar butun olam tanazzulga yuz tutib, buzilib ketmasmidi. Unda vaqt, kecha va kunduz, fasllar tizimi izdan chiqardi, natijada... Yo qodiri Egam, gʻaflat ogʻushida boʻlgan bandalaringni oʻzing yarlaqagaysen!

Vaholanki inson umri ham ayni shunday-agar yolgʻiz sohibi Qalamning bitigi boʻlmaganida, qalb tarbiyatidan gʻofil qolgan odam bolasi aksar hollarda oʻz aqliga bino qoʻyib, uning iznida sa’y etgan boʻlardi. U holda odam hech kimarsa yoxud hech nimarsa ila hisoblashmaydigan, andishaga begona va oʻzgalar hayotini izdan chiqaruvchi ta’rifsiz mahluqqa aylanardi. (Shundoq ham u bu sifatlardan mosuvo emas.) Shu dam Xayyomning shuuriga goʻzal bir fikr urildi: filhaqiqat, hayotda barqaror uzviylik mavjud, ya’ni osuda umr kechirayotgan, hech qanday amalsiz oʻtirgan ikki qoʻshnining hayoti ham bir-birlariga muqarrar bogʻliq. Bundan kelib chiqadiki, harakatsizlikda ham harakat bor va u avval ham mavjud edi. Hayotda mantiq-ma’no borligi ham shundan. Ularning harakatsiz oʻltirishlari taqdirga sabab, oqibat esa oʻshal taqdirlaridagi hayotlari, ya’ni taqdirlarining aynan oʻzidir... Xayyom falsafiy mushohadaga shoʻngʻiy boshlaganligini payqab, boshini changalladi, bu ila boshida gʻalayon qilayotgan oʻylarini haydamoqchi boʻldi. Lekin buning uhdasidan chiqolmadi, chunki uning boshi aksariyat hollarda fikrsizlikdan toliqardi. Ayni paytda esa ketma-ket tugʻilayotgan goʻzal va asosli fikrlar, mushohadalar unga zavqu huzur bagʻishlardi... Ha, taqdir, qismat Haqdan. Haq, Haqiqat esa qayerda? Xayyom ayni shu haqda koʻp bosh qotirardi.. Haqiqat mavjud nimarsalarning oraligʻida, ya’ni oraliqda emasmi? Qiyoski, tun ila kun oraligʻida. Ya’niki ularning bir-birlariga evrilishlari chogʻida har ikkisining ham butun ma’nosi, mohiyati pinhon. Buning uchun tong chogʻini tasavvur etish kifoya: koʻngil torlari oʻzgacha nekbinlik ila tortiladi, sozlanadi, olam tiniq bir hikmatga yoʻgʻriladi, goʻyo hamma nimarsani koʻrish, anglash, tushunish mumkindek tuyuladi. Yoxud uyqu ila uygʻoqlik oraligʻini eslaylik-ne-ne ulugʻlarni oliy maqomlarga eltgan ulugʻ bashoratlar ayni shu oraliqda oshkor boʻlmaydimi axir! Oʻlim ila hayot oraligʻini ilgʻay olgan kishi esa valiyullohga aylanadi. Bosiqlik-haliymlik ila otashinlik oraligʻi ham xuddi shunday-oʻshal joyda butun ma’nolar-doʻstlik va gʻanimlikning chek-chegarasi, mohiyati ochiladi. Bu oraliq uch qismga taqsim etiladi va oʻrtadagi ikkinchi qismda sobit qolishga sa’y qilinadi. Mabodo uchinchi qismga oʻtib ketilsa ham muvozanat buzilib, kishi gʻazab sari odimlaydi. Agar birinchi qismga oʻtib ketilsa ham ayni shu yangligʻ-kishi asta-sekin bosiqlik nomi ostidagi loqaydlik, beparvolik, gʻurursizlik kabi sifatlarga burkanib boraveradi... Xayyom qancha fursatlardan beri oʻylab yurgan fikrlariga endi-endi ta’rif berib, undagi sifatlarni nomlamoqqa erishmoqda edi.

Hozir oʻylaganlari hov oʻsha anglab yetgani me’yor tushunchasiga uyqash emasmi... Ha!.. Shul kabi mastlik va rostlik oraligʻi ham uch qismga boʻlinadi. Kutilgan haqiqat esa taqi oʻshal ikkinchi qismda ayon boʻladi. Harir pardani koʻtarmoq va fikrda tiniqlikka erishmoq uchun bu qism taqi uchga taqsimlanadiki, uning ikkinchi boʻlagida sobit qolmoqqa harakat qilinadi. Bunda izlangan haqiqatning yuzi yanada oydinlashadi va avliyolik kasb etiladi. Bu hodisot cheksiz-chegarasizdir... Yo chodirdoʻzning oʻgʻli, qanotlarsiz parvoz eta boshlamadingmi? Taqi aqlingga bino qoʻyib, kibr havosida shishmayapsanmi? Donishmandlik da’voing shunchalikmiki, avliyolik xususida bosh qotirursen?.. Bu oraliq hayotning oʻzagidir. Unda baholi qudrat qoʻnim topmoqlik kishini kamolot sari eltadi. Ha, odamzotning oraliq hikmatini anglamagan aksariyat jamoasi shunchaki tentirab umr oʻtkazadi va yoxud oxir oqibat halokatga yuz tutadi.

Yanaki gʻolibu magʻlublar abas boʻlguvchi oraliq ma’vodir ul. Unda kishi dunyoga oʻzgacha boqib, har neki manfaat, ta’ma va adovatdan yuksaklikka koʻtarila oladi. Tiriklikni, bani odamni insof ila tushuna boshlaydi. Bu oʻsha «Qurbing yetganicha insof qil», degan ulugʻ maqom ma’vosidir.

Xayyom goho hov oʻshanda shakkok saboqdoshining muallimga bergan uch aka-uka haqidagi savolini ham eslab turadi va muallimning mot boʻlganligini, hattoki Ollohning «yumushi»dan qusur topmoqqa uringanligini oʻylaganda oʻz-oʻzidan xijolatga yoʻgʻriladi. Axir oʻshal rivoyatdagi aka-ukalar taqdiriga munosib ajr topa olmaganlar uch-toʻrt oʻspirin va nari borsa, madrasa mudarrisi edi-ku. Nainki Ollohning paygʻambari, hatto sahoba, hech yoʻq valiy ham emasdiku ular bu savolga loyiq javob topsalar!

Osoni «aybni Ollohga yuklamoq» emasmi. Ularning soʻzlaridan shunga amin boʻlmoq mumkin edi. Bu har kuni necha bor zaruriy hojatlarimizga yaragan suyuq suvimizni ozgina sovuqni sabab qilib, muzlatib, toshga mengzatib qoʻygan va yoki haligina Isfazariy usturlobda koʻrgani bizning koʻzlarimiz ilgʻagan, lekin shuurimiz yetmagan koinotdan oʻzga koinotni ham yaratib, shundayin ulugʻlikni ham nazarimizdan pinhon eta olgan qudratli Zotning beadaddan bir ulush ijodi va siri ekanligini anglamoqdan ojiz edilar ular. Axir ne-ne asrorga, hikmatlarga har lahza roʻbaroʻ kelib ham ularning mohiyatini oʻylamagan, ularga oddiy nimarsadek qaragan bizlar emasmi? Shu holimizga bandalarning oxiratdagi taqdirlaridan, ajrlaridan adolatli soʻz ayta olamizmi?! Yo Olloh!.. Xayyom shu gaplarni xayolidan oʻtkazarkan, ajib kayfiyatda, ajib bir ehtiros ila bitilgan ba’zi she’rlaridan istiholaga boradi. Kelgusi avlod oʻzini bir xudosiz (astagʻfurilloh), shakkok odam sifatida yod etishlaridan xavotirga tushadi. Yoʻq, u shakkok ham, osiy ham emas, biroq she’rlaridagi haliginday tuygʻularni, fikrlarni oʻzi ham izohlab berolmaydi. Keksa Rind uning she’rlariga goʻzal ta’rif berganini va buni ahli rasadxonaga bir necha bor aytganligini esa u bilmasdi. Rindoniy shunday ta’rif bergandi:

-Xojamning nazmidagi Ollohga ta’na qilmoqdek tuyulguvchi ma’no aslo shakkoklik emas. Aksincha, taqdirning Haqdan ekanligini butun vujudi ila his etgan bandaning oʻz ojizligidan, zabunligidan, baribir Yaratuvchining shafqatiga, mehriga muhtojligidan oʻrtanmogʻi, mumdek erimogʻi va oxir oqibat taqdirga tan bermoqligi ehtirosidir.

Voh, bul muxtasar ifodani Abul Fath Umar eshitsami edi, bir tushunguvchi odam topilganidan koʻzlariga yosh toʻlarmidi! Darigʻokim, bu gapdan u butkul bexabar edi. Ne boʻlganda ham Tangrining ishqdan devona quli Rindoniy mazkur gapni topib aytgan edi.

Xayyom taqi ilkiga xomani oldi va davotning hoshiyasiga yana misralar tiza boshladi:

Gul bargila kunni toʻsa olmaymen,
Qismat sirlarini yecha olmaymen,
Fikr dengizidan dur topdi aql,
Qoʻrquvdan bu durni tesha olmaymen.

U soʻnggi soʻzni yozdi-yu tagʻin oʻz holidan hayratga tushdi. Axir qachonlardan buyon she’r bitmay qoʻygandi. Bu kungi daryoligi, koʻngil selligi nedan? Ayonki, u endi oʻzidagi qalb halovatini, tafakkur tiniqligini, fikr teranligini tan olmoqni xohlamasa-da, seza boshlagandi. Shu on beixtiyor Adam Shayxni esladi. Nechundir bagʻri oʻrtanib, kipriklari ostida olov uygʻongandek boʻldi.

Oʻshanda Adam Shayx shunday degandi:

-Senga bir gapni aytay, yo Umar! Madomiki oʻzliging sari odimlamoqni niyat qilgan ekansen, avvalo oʻzingdagi buyuk, biroq shuning barobarida, oʻzing uchun tushunarsiz boʻlgan nimarsani top.

-Xoʻsh keyinchi?-degandi shoshib Xayyom.

-Bilasanmi, shundayin soliklar borki, ular fano va uqbo aro nur boʻlmoqqa intiladilar. Ikkinchi toifa esa, oʻlim va hayot oʻrtasida tarang tortilgan rasandan bagʻoyat ehtiyotkorlik ila oʻtib boradilar. Vanihoyat oxirgilari esa oʻz hovlisi sahniga tashlab qoʻyilgan arqonda qadam tashlaydilar.

Bu fikrlar ummoni, hikmatlar ummoni Xayyomni sarxush etgandi oʻshanda. Bundayin zalvorli va libosli soʻzlamoq faqat va faqat Adam Shayxga xosu yarashiqli edi.

Xoʻsh, undagi buyuk va shuningdek, tushunarsiz nimarsa ne? Qalbimi? Albatta-da, axir jonu jahonini olovlarga solgan shu qalbi emasmi?! Unda u Adam Shayx aytgan uch toifaning qay biriga mansub? Qay biriga?!.. Buni aniqlamoq uning zimmasida emasdir...

Shu kunlarda sulton Malikshoh shahzoda Mahmudni taxt vorisi deya e’lon qildi. Bu xabardan soʻng Xayyom sultonning Turkon Xotun makri domiga butkul bandi boʻlganligiga amin boʻldi. Yanaki tashvishli kunlar yovuqlashayotganligini ham qalban his etdi...

Sakkizinchi bob

1

Yana kech kirdi. Mahmud taqi oʻz hujrasiga qamaldi. Hatto moychiroqni ham yoqmay, joyiga choʻzildi. Koʻzlari beixtiyor darichadan moʻralayotgan yulduzli oqish osmonga tikildi. Yoʻq, uning yuragi ana shu bepayon samoga singib ketmoqni, hurlik ogʻushida sarxush boʻlmoqni istamadi. Yoʻq! Endi u burungi Mahmud emasdi. Uning koʻzlari hatto mana shu bagʻrni yorib yuborgudek ulugʻvorlik va haybat ila boqayotgan osmonga ham nopisandu loqayd tikilib turardi. U atrofidagi borki nimarsalarga ana shunday alpozda qarar, nigohi ichi qorayib turgan gʻor ogʻzini eslatardi. Sal ta’sirchan odamning uning nigohidan qoʻrquvga tushmogʻi ham tayin. Hatto goʻzal Rayhonining yodi ham uning xotirasidan qariyb oʻchib ulgurgandi. U faqat behisht haqida, undagi qiyossiz bogʻu chamanlar, hurlar va ular tufayli sazovor boʻlguvchi oromu huzur haqida oʻylardiki, goho-goho shuurida yuz koʻrsatuvchi Rayhonning siymosi ham oʻshal ta’rifsiz hilqatlar jamoliga uyqashib ketardi. Uning yuzini elas-elas eslardi. Aslida ham oradan koʻplab yillar oʻtgandi. Mahmudning istarali chehrasi ham ancha tundlashib, jussasi dagʻallashib ketgandi. Endi u yor ishqidan ilhom olib, xat-savodga va umuman ziyoga intilgan yosh yigit emasdi. U irodasini, inon-ixtiyorini Ollohga ham emas, yovuz bir kimsaning ilkiga topshirib, uning maqsadi yoʻlida qadam tashlayotgan va bu qadamlarida qat’iy sobitlik boʻlgan nokas mahluq yangligʻ edi. Tinimsiz jismoniy tayyorgarlik, yarogʻ san’ati ila mashgʻullik, gʻalati suyuqlikni muntazam iste’mol qilmoq va yemoqqa oʻchlik-uning bor-yoʻq davlatiga aylangandi. U hech neni istamasdi, ya’ni istamaslikni istardi. Uning butun dunyo, borki borliq deb bilgani mana shu Alamit edi. Na tugʻilib oʻsgan yurtini, na qachonlardir uni yeru koʻkka ishonmay, ne-ne orzu-umidlar ila katta qilgan ota-onasini, na rasadxona va na undagi doʻstlari-yu xojasi Umar Xayyomni eslardi. Ha, bor-yoʻq jahoni shu Alamit edi. Yodini tark etayotgan yaqinlari esa hov anovi jimit yulduzlar va umuman oqish nigohini loʻq qilib qarab turgan osmon kabi tobora-tobora olislab borardilar...

Eshik mulozamatsiz tarzda ochilib, qorongʻuda bazoʻr koʻrinayotgan odam sharpasi uni sardor -Alamit xojasi oʻz huzuriga chorlayotganligidan xabar berdi.

Atrof javonib mamlakatlarning hukmdorlariga dahl etib, boʻgʻzidan olayotgan Alamit xojasi- Hasan Sabboh turli hashamatlarni unchalar ham xushlayvermasdi. U bagʻoyat faqirona hayot kechirmoqqa koʻnikkandi. Hatto ahli qal’ani idora etguvchi koʻrinishxonasi ham nihoyatda kamtarona jihozlangandi, biron bir ortiqcha dabdaba sezilmasdi.

Mahmud kirib borganida Hasan Sabboh odmigina eski xontaxta ortidagi anchagina uringan toʻshakda bukchayib oʻltirardi. Xona nimqorongʻu boʻlganligi bois uning yuzidagi odatiy rangparlik qariyb bilinmasdi va hatto tusi bir qadar vajohatli koʻrinardi. Ehtimol nursizlikning mana shu «fazilati» sababli ham xonasini qorongʻulikda tutishga urinar. Xira moychiroq bu zimistonni yoritmoqqa ojizlik qilardi va hatto bu xona darichasini oy ham tark etgandi. Uning ortida- xonaning yanada zulmatli boʻlgan burchagida ikki barzangi qoʻriqchisi qimir etmay turibdilar. Bir qaraganda, ularni ilgʻamoq ham mushkul edi.

Mahmud eshik oldida tek qotdi. Xoja uni koʻrsa-da hech soʻz aytmay, jim oʻtiraverdi. Shunda ham Mahmudning holatida biron bir oʻzgarish boʻlmadi. Nimqorongʻulikda goʻyo qoya yangligʻ turaverdi, qizgʻish chiroq nurining aksi tushgan ma’nosiz koʻzlari sovuq yiltirab ketdi. Ammo «bajar» degan amrdan oʻzga hech nimarsa boʻlmagan shuurida na manovi benaf turishidan, na anovi xojaning bepisand oʻtiraverishidan va na uyqu onida uni bezovta qilganliklaridan norizolik alomati miltirab ham qoʻymadi...

Nihoyat ma’lum fursat oʻtib xonaga taqi toʻrt fidoyi kirib keldilar va xojaning roʻbaroʻsida qator tizildildar. Oʻshandagina Hasan Sabboh ularga yuzlandi va oʻzining xirillagan ovozi ila soʻzlamoqqa tushdi:

-Fursat yetdi, yo Alining lashkari! Siz Olloh rizoligi yoʻlida fidolarning ulugʻ ajrga musharraf boʻlgulik qutlugʻ oni keldi. Sizning poyingizga behishtlar muntazir!

Fidoyilar bir tebranib qoʻydilar.

Hasan Sabboh esa taqi davom etdi:

-Sizlarga oʻgʻiz oʻgʻli Kaltakesak peshvo boʻlgʻay. Erta tongda Isfahon sari otlangʻaysiz. U yerda bizning kishilar ila topishib, fursat kutgaysiz. Fursati yetgach, jin qavmidan boʻlmish saljuqlarning yalaqixoʻri, bizning bosh gʻanimimizni qatl etgaysiz. -U xontaxta ostidan bir nimarsani olib, Mahmudga qaradi. Mahmud-Kaltakesak unga yovuq keldi. Uning ilkidagi hilol shaklli xanjar edi. U xanjarni qinidan chiqarib, birrov namoyish etdi-da, yana qayta qiniga joylab, Mahmudga uzatdi.

-Buni oʻshal qari takaning siynasiga qadagaysen.-dedi yigitga qattiq tikilib. Soʻng fidoyilarning barchalariga bir-bir koʻz tashladi-da, qoʻshib qoʻydi. -Sizlarga Olloh madadkor boʻlsin. Barchalaringizni behisht bogʻlari-yu hurlari kutayotir!..

Shu gapdan soʻng fidoyilar Alamit xojasi huzurini tark etdilar...

Qazvinga yetishgach, oʻsha tanish karvonsaroyda qoʻnim topdilar. Darvesh kiyimidagi bu besh fidoyining maqsadi-Isfahon sari borguvchi karvon safiga kirib olmoq edi. Aslida sohibi karvonlar ahli darvishdan haq ham olmasdilar. Ammo bu beshov darvesh uchun karvon xoʻjayinining haq olish yoki olmasligi farqsiz edi. Chunki ismoiliylar oʻz rejalari yoʻlida aqchani ayab oʻtirmasdilar. Alamitdan tushgan besh fidoyi Qazvinga keliboq karvonsaroyning bukri xojasiga roʻbaroʻ boʻldilar. Sohibi karvonsaroy ancha qarib qolgandi, bukrisi battarroq boʻrtib, soch-soqoli butkul oqarib ketgandi. U darveshlarni alohida hujraga joylab, to Isfahon sari borguvchi karvon yoʻlga tushguncha, ya’ni bir haftacha ularning yemoq-ichmogʻidan boxabar boʻlib turdi. Nihoyat chahorshanba kuni saharda ularga tegishli hamyonlarni berib, olis yoʻlga uzatib qoldi.

2

Isfahon notinch edi. Saltanat ahkomida ham, avom ichra ham parokandalik ustuvor edi. Faqatgina rasadxona ahli bundan mustasno. Ularning koʻngillarida ham butun boshkent raiyati qalbida boʻlgani kabi tahlika xiyol sezilib tursa-da, barchalari ilm yoxud kunlik yumushlari ila band edilar. Ular asli ilmparvar, fuzaloparvar boʻlgan sulton Malikshohga va uning donishmand vaziri Nizom ul Mulkga hamon ixlos qalardilar, ishonardilar. Bu ishonch esa Umar Xayyom bois qaror topgan edi. Dillarida paydo boʻlgan biroz tahlikaga bois-sultonning tobora loqaydlashib, malika Turkon Xotunning tobora nufuz topib borayotganligi edi.

Filhaqiqat, qudratli saljuqlar saltanatining poytaxtida parokandalik avj ola boshlagandi. Bu ayniqsa, shahzoda Mahmud toju taxt vorisi etib ovoza qilinganidan soʻng yana-da yaqqol sezilib qoldi. Endi davlat ishlarining asosiy qismi Mahmudning ilkiga, aniqrogʻi, Turkon Xotunning ixtiyoriga oʻta boshlagandi, Uning vaziri Toj al Mulk ham hukumatu devon yumushlariga dahl qilmoqda ediki, bu aqli raso kishilarni xavotirga solardi. Sultonning suratu harakatlarida esa avvalgi shiddat, sohibi tadbirlik koʻrinmas, u oʻzini goʻyo zohid yangligʻ, xonanishindek tutardi. Ehtimol ayni damda kuch-qudratga toʻlib, gʻanimlarining ixtiyorini olayotgan Hasan Sabboh ham oʻzining son-sanoqsiz hufiyalari orqali sulton Malikshoh va saljuqiylar saltanatining bundayin ahvolidan xabar topgandir hamda mana endi qasos uchun fursat yetganligiga amin boʻlib, Kaltakesak boshliq odamkushlarini boshkent tomon yoʻllagandir. Busiz ham hozir Isfahonda ismoiliylar bagʻoyat koʻpchilik edilar. Avvallari ularning aksariyati shahar tegrasidagi qishloqlarda jon saqlagan boʻlsalar, endi shahar qal’asi ichra turfa qiyofalarda emin-erkin kezardilar. Faqatgina oʻzlarining ismoiliylar ekanliklarini oshkora ovoza qilmoqlikdan tiyilardilar xolos. Ularning asosiy qismi Isfahon hunarmandlari aro tirikchilik qilib, kun koʻrayotgan boʻlsalar, taqi oʻzga bir boʻlagi darveshu qalandarlar libosida daydib, xonaqohlarda, goho karvonsaroylarda yotib yurardilar va shu taqlid koʻzlagan rejalarining amalga oshmogʻini intiq kutardilar. Ismoiliylar ham saljuqiylarning ulugʻvorligiga putur yeta boshlaganligini aniq-ravshan payqab turardilar.

Darvesh libosidagi Mahmud-Kaltakesak Isfahon boʻsagʻasida karvondan uzilib, ortda qoldi. Uning soʻnik nigohi rasadxonaning qir ortidan boʻylagan minorasiga va u joylashgan Boʻyra qishlogʻidagi serviqor ogʻochlarning devor osha moʻralayotgan odamning boshidek koʻringan uchlariga qadalgandi. Yoʻq, uning qalbi hapqirmadi, mijjalaridan yosh qalqmadi. Chunki uzoq yillik yovuz tarbiyat ta’sirida uning yuragidagi bashariy oʻt soʻnib ulgurgan, mijjalari esa qurib-qaqshab, toshga mengzab boʻlgandi. Endi balki zoʻr berilsa, anovi xarsangdan nam chiqsa-chiqardiki, ammo Mahmudning koʻzlaridan hech qachon yosh chiqmasligi aniq.

U rasadxona yoqqa anchagacha tikilib turdi. Shuurida ojizona xayollar uchqunlab, oʻz xizmatini butkul unutayozgan xotirotining qatlarida allanechuk voqeotlar gʻimirlaganday boʻldi. Tanishdek tuyulgan bir necha kishilarning elas-elas suvratlari koʻz oldiga keldi. Kimlar edi ular? Nim tabassum ila humor boqib turgan anovi chiroyli qiz kim? Tanish shekilli?! Yoʻq-yoʻq, hatto... Axir u behishtdagi hur-ku! Bu yerda nima qilib yuribdi u?.. Yoʻq, bu qiz hur emas, Rayxon-ku axir! Rayhona-ku!.. Nahot unutdi?! Axir uni bir zamonlar jonu jahonidan ortiq sevmaganmidi! Bu oʻsha Rayhoni-ku... Bu kishi kim boʻldi? Darvoqe, xojasi Umar Xayyom hazratlari emasmi? Huddi oʻzi-ku. Men qayerga kelib qoldim? Bu yerda ne qilib turibmen?.. Rayhon!.. Ray... Uning boshi aylanib, koʻzlari jimirladi va oʻngidagi haligi kishilarning siymolari ham bir zumda gʻoyib boʻldi. Hattoki hov oʻsha olisdagi minora-yu ogʻochlar ham koʻrinmay qoldilar. Endi koʻz oldi qorongʻilashib ketdi. Shoshib qoʻynini timirskilab, kichkinagina xaltachadan nenidir olib, darhol ogʻziga soldi-da, belbogʻiga osilgan idishdagi suvdan bir-ikki xoʻplam ichdi. Soʻng gʻujanak boʻlib qunishib oldi. Biroz vaqt oʻtib butun vujudi titrashga tushdi. Taqi ma’lum fursatdan soʻng titrogʻi tinib, qaddini tikladi, nigohida xiyol mamnunlik zohir boʻldi. Yana oʻsha loqayd va sovuqqon alpozga kirib, shahar darvozasi tomon yurdi.

Hamrohlari uni darvoza oldida kutib turardilar. Hammalari jam boʻlishgach, bu sohta darveshlar jazava ila zikr tushib, shaharga kirdilar.

-Yo hu, yo Olloh!

Yo hu, yo Olloh!

Yo hu, yo hu!..

Endi bu ismoiliy aygʻoqchilarning, ta’bir joiz boʻlsa, qotillarning vujudlari butkul quloqqa va koʻzga aylangan edi. Hech nimarsaga parvo qilmayotgandek tuyulsalar-da, aslida har neni eshitib, koʻrib turardilar. Shaharni shu yangligʻ kezishlari asnosida ular boshkentdagi ismoiliy jamoat ila ham topishib oldilar. Biroq oʻzlarining zimmalariga yuklatilgan yumushni biron kimsaga sezdirmadilar. Har kuni bu besh darvesh shaharning har tarafiga tarqalib, avom ichra singib ketardilar. Saroy atrofini, bozor va rastalarni kezishib, vaziri a’zamning yurishi taxmin qilingan manzillarni axtarardilar hamda oʻsha joylardagi ahvolni, hufiya joylarni oʻrganib, xotiralariga jo etardilar. Kechalari esa barchalari yigʻilishib, koʻrganu bilgan, eshitganlarini oʻrtaga solishar, umumfikrlarini jam qilardilar. Xullas, makkor Hasan Sabbohning qasos oʻti qanot boʻlgan ismoiliy «fidoyilar» oʻz xojalari ilkidagi yalangʻoch shamshir monand jahd ila sermalmoqqa qulay fursatni intizor kutardilar.

3

Hijriy 471 (mil.1092) yilning rajab (mezon) oyi kirdi. Kuz oʻrtalab, pishiqchilik avjiga keldi.

Xayyom oʻzgacha huzur ila bomdod namozini oʻqigach, tashqariga chiqdi. Bir kun burun shovullab yoqqan yomgʻir va tong tarovati bois olam bagʻoyat chiroyli hamda tiniq, havo esa musaffo va xushboʻy edi. Bu xushboʻylikni rasadxona ortidagi togʻdan yelayotgan mayin shaboda olib kelardi. Bundayin huzurbaxshlikdan yoqimli ta’sirlangan shoir oromla entikib, butun vujudini xush kayfiyat qamrab oldi. Ammo qalbining bir burjiga gʻashlik soya tashlab turardi. Bu gʻashlik tunda koʻrgan tushini eslagach paydo boʻlgandi. Oradan shuncha yillar oʻtib, turk-oʻgʻiz sangtarosh Mahmud tushiga kiribdi: keng sahnli rasadxona bittagina hujradan iborat emish. Sahnning hammayogʻini oppoq qor qoplaganmish. Xayyom ana oʻsha qorni bosib, yolgʻiz hujraning eshigi sari boribdi. Eshikni ochib qarasaki, hujra ichidagi ulkan xumda Mahmud oʻltirgan ekan. Xum ichi toʻla qip-qizil qon emish. Mahmud unga qarab qah-qah otib kular va koʻkragi qadar qalqib turgan qonni tinmay shopirarmish... Shoir bomdoddan soʻng shu tush haqqi uchun ham ikki rakat namoz oʻqidi. Shundan keyin bu mudhish tush vahmi biroz chekinganday boʻldi, lekin koʻp oʻtmay, taqi koʻz oldiga keldi. Keyin oʻzicha bu bor-yoʻgʻi bir tush-da, deb ham qoʻydi. Shunda ham orom topmadi. Yanaki Adam Shayx ila yoʻliquvidan soʻng va ruhoniyatidagi evrilishlar bois koʻrgan tushlariga e’tibor qiladigan, ularni oʻzicha ta’birlaydigan boʻlib qolgandi. Mantiqiy ta’birlari goho istiqboldan bashoratli mujdalar berardi. Shuning uchun bu kecha koʻrgan tushini ham ta’bir etishga urinardi. Har tugul qonli hujraga qorli sahnni bosib oʻtib borgani uni oʻyga toldirardi. Koʻngli bir falokatni sezayotgandek boʻlaverardi. Ustiga-ustak vaziri a’zamning kechagi chorloviga binoan u bilan uchrashib qaytganidan keyin bu tushni koʻrgani uni battarroq xavotirga solmoqda edi. Chunki shoir ila ancha vaqt hamsuhbat boʻlgan keksa vaziri a’zam bu gal uning koʻziga oʻzgacharoq koʻrindi. U Xayyomdan ayrilmoqni hecham istamayotgandek tuyuldi...

Xayyom kirib borganida vaziri a’zam katta miz ortida oʻyga botib oʻltirardi. Oldida bir talay qogʻoz. Yo biron nimarsa bitmoqqa hozirlanardi, yoki davlat ishlariga taalluqli qogʻozlarni titkilab, nelar xususidadir bosh qotirardi. U shoirning salomidan soʻng oʻrnidan qoʻpib, unga peshvoz yurdi va quchoq ochib koʻrishdi. Bu Nizom ul Mulkdek mashhur hamda qat’iyatli vazir uchun noyob hol edi.

Oʻltirdilar.

-Chorlagan ekansiz?-dedi Xayyom unga zimdan sinovchan tikilib.

Vaziri a’zamning soch-soqoli va hatto qoshlari ham butkul oqarib ketgandi. Bu esa uning azali nurli yuziga yanada nuroniylik baxsh etardi.

-Seni koʻrgim keldi-da, bolam.-dedi vazir bagʻoyat haliym va ta’sirli tovushda. -Tunda yomgʻir rosa quydimi?-deb qoʻydi keyin gapni boshqa yoqqa burmoqchi boʻlibmi, goʻyo oʻziga oʻzi gapirayotganday.

Xayyomning mehri iydi. Bir lahza vaziri a’zamning safari qariyotganligini his etganday boʻldi-yu darhol bu mudhish fikrni boshidan quvmoqqa urindi. Shunday odam-a?!..

-Ikkimizni zindonband etganlari yodingdami?-deya soʻradi birdan Nizom ul Mulk bilinar-bilinmas jilmayib.

-Takash isyoni kunimi? -dedi Xayyom hayrtini yashirolmay.

Vaziri a’zam tasdiq ishorasini qilgach, u ham «ha» dedi.

-Oʻshanda ikkimizni alohida xonalarga hibs etdilar. Agar ikkimizni bir xonada tutganlarida bul xiyonatga albatta biron chora topur edik, shunday emasmi?

Xayyom ustozining xotiralar ogʻushida suzayotganligini va bu unga huzur bagʻishlayotganligini sezib, xayrixohona jilmaydi. Uning soʻzlariga qoʻshimcha qilib, dedi:

-Sizdayin buyuk tafakkur sohibi ila, albatta, hazratim.

Vazir uni keskin rad etdi:

-Yoʻq! Yanglish aytursen, yo Umar. Sening tafakkuring va quvvai hofizang qoshida meniki hechdir.

Xayyom suhbatdoshining gapini boʻlmoqlikdan saqlanib, biron soʻz demadi.

-Sen bagʻoyat tiniq oinasen.-soʻzida davom etdi vaziri a’zam. -Men unda oʻz suvratimni koʻrurmen. Illo oina oʻzida olamni aks ettirar ekan, oinaning olam, ya’ni aks etuvchi sari bormogʻi joiz emas, bilaks, aks etuvchi oina sari borur. Men esa senda oʻzimni koʻrdim va sen tomon bordim.

-Ustoz mubolagʻa eturlar.-dedi xijolatga tushgan Xayyom.

-Aslo! -Vaziri a’zam shoirga mehrli boqarkan, nadomatli ohangda dedi: -Men esa xato qildim. Olamni mukammal koʻrmoqchi boʻldim, mukammal davlat barpo etmoqqa urindim. Vale odamning nomukammal ekanligini unutdim. Barcha sa’y-harakatlarim birgina ziddi tadbir va picha xiyonat bois parokandalikka yuz tutdi... Men yosh hukmdorimizga, sultonimizga ulkan umidlar ila nazar qilgandim va bu umidlar ijrosi yoʻlidagi oʻz tadbiru rejalarimga qattiq ishonardim. Biroq bundayin tuyqus evrilishlarni kutmagan edim!..-Nizom ul Mulkning qaddi tobora bukilib borardi.

-Hazratim!..-dedi shoir unga dalda berishga urinib.

Lekin vaziri a’zamning ahvolida oʻzgarish boʻlmadi.

-Isfahon parokandalikka yuz tutmoqda. Sultonning ayni kunlardagi holidan boxabar boʻlgan gʻanimlar fursatdan na’f topmoqdalar. Avomning koʻzlarida umid uchqunlari soʻnmoqda. -Vaziri a’zam jim qoldi.

Xayyom ham uning diliga ozor yetkazmogʻidan hayqib, indamay oʻltiraverdi. Anchadan soʻng keksa vazir yana tilga kirib, unga boqdi.

-Ertaga shahar aylanmoqchimen. Yurtdan koʻtarilayotgan fayz va barokotni qaytarmoq, avom koʻzlariga taqi umid uchqunlarini jolamoq niyatida shunday qilmoqchimen. Elning adolatpesha va avompesha boʻlgan saljuqiylar qudratiga boʻlgan avvalgi ishonchini taqi tiklamoqqa urinib, ularning orzu nolalariga quloq tutmoqchimen...

Vaziri a’zam Xayyom ila juda gʻamgin xoʻshlashdi. Uni bu kecha koʻrgan tushi kabi valine’matining ahvoli ham xavotirga solmoqda edi. Yo Olloh, deya oʻylardi u, nahotki shundayin ulugʻvor saltanatdan putur ketgan boʻlsa?!..

Subhi sodiq sayridan qaytarkan, shoir rasadxona darvozasi oldida Maryam ila toʻqnash keldi. Ayol ojiz bir ovozda salom berdi. Uning koʻzlari qizargan, qaroqlari soʻlgʻin edi. Yigʻlagani shundoqqina sezilib turardi.

-Nechuksen, Bibi?-deya soʻradi Xayyom mehribon ohangda.

-Qulluq, ustoz. -Maryam nigohini yerdan uzmasdi va ovozidagi arazlanish yaqqol balqib turardi.

Shoir uning arazi boisini bilardi: qachonlardan beri Maryamdan uzilib, oʻzini olib qochadigan boʻlib qolgandi. Ne qilsin, koʻngil-da. Uning yuragidagi evrilishlarni bu ayol qayoqdanam bilsin. Undan hech yomonlik koʻrmadi va unga ham yomonlikni ravo bilmaydi. Faqat bagʻrida unga boʻlgan avvalgidek talpinish endi yoʻq.

Maryam mudom goʻzal edi. Biroq burungi durkunligi yoʻqolib, chehrasida ulgʻayish paydo boʻlgandi.

Xayyom ne deyishini bilmay, soʻzsiz qoldi.

-Otamning mozorini ziyorat qildim. -dedi Maryam shoirni noqulaylikdan qutqarib. -Padarimning xokidan ham Vatanning boʻyi keladir. Toʻyib-toʻyib hidladim...

-Va toʻyib-toʻyib yigʻlading.-deya qoʻshib qoʻydi Xayyom.

Maryam yerga qarab, erkalanganday bosh silkidi.

-Oʻzingni qiynamagin-da, Bibi!.. Yolgʻiz emassen, axir men bor...

-Yoʻq, siz bizni allaqachon tark etgansiz, ustoz!- Maryam koʻzlarida yosh ila shoirga iltijoli boqdi.

Shoir esa taqi koʻzlarini yashirdi.

-Ana shundoq!.. -deya afsus ila ogʻir xoʻrsingan Maryam oʻz oshyonasi tomon ketdi.

Dilxiralik bir kelsa, basma-bas keladi-ya, degan fikr oʻtdi Xayyomning xayolidan. Ne kun boʻladir oʻzi bu kun, yo Rabbim?!

U nonushtadan soʻng bozorga tushmoqni ixtiyor etdi. Azali bozorni xush koʻrsama-da, yangi kitoblarni sotib olmoq, shul bahona koʻnglidagi xijillikni unutmoq niyatida shunday qilmoqchi boʻldi. Axir Isfahon ayni zamonda qariyb dunyoning poytaxtiga aylanib qolgan edi. Shunday boʻlgach, uning bozorlarida turfa ellarning tafakkur mahsullari boʻlmish turfa nodir kitoblar uchramogʻi oddiy hol. Xayyom koʻp bor bunga guvoh boʻlgan. Bu kun ham kitob rastalarini bir aylansa, ajabmas yangi kitoblarga roʻbaroʻ kelsa. Ayniqsa, Qashqardan chiqqan turkiy olimlarning olam, zamin va koinotning tuzilishi haqidagi kitoblarini koʻrmoqni anchadan buyon orzulaydi. Ular haqida koʻp bor eshitgan. Ehtimol shu bugun oʻsha nodir risolalarni topmoqqa musharraf boʻlar. Balki serkalom Shokir Talxga roʻbaroʻ kelib, biroz koʻngli yozilar... U na Rindoniy, na Isfazariyga ham bir soʻz demay, yolgʻiz oʻzi shaharga yoʻl oldi.

Endi shoirni shahri azim Isfahonda qariyb hamma tanirdi. Shuning uchun shahar ichra borayotgan Xayyomning yoʻli unmasdi: ba’zilar salomlashibgina oʻtib ketsalar, boshqalar u ila astoydil koʻrishmoq va hatto quchoqlashmoq niyatida beixtiyor yoʻlini toʻsib olardilar. Goho gapga ham tutib qolardilar. Aslida ham umrining oʻn sakkiz yilini boshkentda oʻtkazgan shoir bu yerda koʻplab doʻstlar, muxlislar orttirgan edi. Ahli Isfahon uni bagʻoyat qadrlardi, sevardi. Buni bilganligi bois Xayyom oʻzini oʻsha ehtiromu hurmatga loyiq tutmoqlikka sa’y etardi.

Mudom ohista odimlar ila borarkan, quloqlariga ketma-ket shundayin soʻzlar eshitilardi:

-Assalomu alaykum, hazrat!

-Omonmisiz, yo shoiri zamon?!

-Yulduzlar shohining suhbatiga mushtoqmiz.

-Kulbamizga qadam ranjida qilsinlar!..

U mazkur mulozamatlarning barchasiga munosib javob qilmoqqa urinardi va bu anchayin mushkul yumush ediki, dangalu hur fe’lli shoirni tez toliqtirardi. Shundanmi, qadamini tezlatdi va tezroq katta bozorga kirib olmoqchi boʻldi. Chunki olagʻovur bozorda barcha oʻzi ila ovora boʻladi va u ortiqcha e’tibordan qutiladi.

Kitobdorlar rastasi bozorning narigi chetida edi, ungacha bozor ichra xiylagina yurmoqqa toʻgʻri keladi. Mayli-da, ozgina aylanib, soʻng qaytadi. Shokir talxni ham qaytishda koʻrib oʻtmoqni niyat qildi.

Bozor chindan ham shovqin-suron ogʻushida edi. Hamma oʻza molini maqtaydi. Ana, bir qop-qora ajnabiy maymun oʻynatmoqda. Darvoqe, mardikorlar, saqqo (meshkobchi)lar ham shu yerda turardilar chogʻi. Maymunni koʻrib, rahmatli Mikoilni, uning Polvonini esladi. Rindoniy ikkovini ilk bor shu yerda uchratgan edi. Endi esa sodiq nadimi Mikoil bu foniy dunyoni tark etgan. Mikoilni va Laylini eslab, taqi uning yuragi siqildi-da, bu yerni tezroq tark etmoqqa oshiqdi. Turfa matofurushlar rastasidan oʻtib, meva-cheva rastasidan chiqdi. Ana, qatorasiga hurmofurushlar turibdilar. Va ular ham tinmay xaridor chorlaydilar.

-Hurmodan oling, ogʻoyi, bagʻoyat shiraga toʻlganidan bu. -dedi roʻbaroʻsidagi aftidan oʻgʻizga oʻxshagan hurmofurushlardan biri.

«Ogʻoyi» degan soʻz Xayyomning qulogʻiga juda tanish eshitildi va xotirotining allaqaysi burchaklariga urilib, kimningdir olis suvratini koʻz oldiga elas-elas olib keldi. Ana oʻsha ixtiyorsiz tarzda kechgan olis oʻtmishga xayolan qaytishi asnosida yogʻoch rastaning bir chetida ezilib yotgan qip-qizil hurmoga koʻzi tushdi. Qonga oʻxshaydi-ya, degan gap oʻtdi oʻyidan. Qon!.. Darvoqe... Kechqurungi tushini esladi. Shu on sogʻidan koʻz chetiga bir tanish chehra «lip» etib urildi va u keskin oʻsha yoqqa burildi. Haligi tanish chehra ham u bilan bab-barobar ters oʻgirilib, nari keta boshladi. U qandaydir darvesh edi. Kim boʻldi u? Yuzi nihoyatda tanish. Axir!.. Ha-ha, bu axir Mahmud-ku. U bu yerda nima qilib yuribdi va nega undan oʻzini olib qochadi? Balki tanimagandir, deya oʻzini ovutmoqchi boʻldi shoir. Balki...

Bozorning katta darvozasi tomonda jarchining jarangdor ovozi eshitildi:

-Vaziri a’zam Nizom ul Mulk hazratlariga yoʻl bering!.. -Bu ovoz basma-bas bir maromda takrorlanardi.

Xayyom oʻsha tomonga boʻylagancha qoldi...

Mahmud Xayyomni tanidi va oʻzini tanitmaslik uchun keskin oʻgrilib, ikki darvesh hamrohi ila olomon ichiga singib ketdi. Lekin uning na xiralashgan xotirasida, na his-tuygʻulardan mosuvo boʻlgan qalbida biron bir sogʻinch yoxud iztirob sezilmadi. Uning boshi birgina oʻy ila band edi. Ya’ni u vaziri a’zamni kutardi. Ha, ismoiliylar bugun sohibi devonning shaharga chiqmogʻidan, avom holidan xabardor boʻlmoqlikni ixtiyor etganligidan voqif edilar. Shul bois ham ulugʻ qasos uchun qulay fursatni boy bermaslik tadbirini tuzgan edilar. Bu tadbirni ijro etuvchilarning boshida Mahmud-Kaltakesak turardi.

-Vaziri a’zam Nizom ul Mulk hazrati oliylariga yoʻl bering! -Ot ustida oʻltirgan jarchi tinmay hayqirar va bozor ichidagi xaloyiq uning amriga hamohang tarzda ikki tomon surilib, ikki cheti jonli devor boʻlgan yoʻlni vujudga keltirardi. Jarchining ortidan yarogʻli soqchilar kelardilar. Qoʻriqchi sarbozlarning bir qismi yarim yalangʻoch habash qullar koʻtargan taxtiravonning ikki yonidan ham joy olgandilar. Usti soyabonli taxtiravonda keksa vaziri a’zam oʻltirardi va har nechuk sezgir nigoh uning bagʻoyat mahzun qiyofada borayotganligini payqashi mumkin edi.

Xayyom vaziri a’zamga ayni paytda koʻrinib, noqulay ahvolda qolmaslik uchun oʻzini chetga olib, olomon ichra singdi. Biroq yuragi notinch urar, tushuniksiz bir mudhish xavotir vujudini qamrab, titroqqa sola boshlagandi.

-Vaziri a’zam janoblariga yoʻl bering!..

Xaloyiq endi taxtiravon uzra borayotgan vaziri a’zamga e’tibor qila boshlagandi. Filhaqiqat, donishmand vazir hozir oʻz muddaosiga erishib, turli mish-mishlar ogʻushida kuchsizlanib borayotgan boshkent-shahri azim Isfahon ahlining saljuqiylarga boʻlgan ishonchi taqi tiklanayotganligini ularning nigohlarida koʻrmoqda edi. Xalq qudratli davlat idora usulining asoschisi, yetti iqlimga dongʻi ketgan, turfa ilmlar sohibi boʻlmish ulugʻ vazirga umid va hurmat ila boqib turardi. Odamlar tilidan ketma-ket,

-Xayriyat, hali bardam ekanlar!..

-Osoyishtaligimiz omonat deguvchilarga xayf!..

-Saljuqlar piri hali omon!..

-Isfahon hali omon turgay!.. -kabi umidbaxsh soʻzlar uchardi.

Uch darvesh bir-birlariga pinhona quloq tutishib, visir-visir ila nelarnidir maslahatlashishdi va uchovi uch yoqqa ayrilishdi. Biri vaziri a’zamga ochilgan yoʻl chetida tizilgan olomonning avvalgi qatoriga oʻtib, nechukdir qaddini gʻoz tutib oldi. Ikkinchisi esa undan ikki qadamcha orqaroqda betartib gʻimirlayotgan odamlar orasida goʻyo yerdan nimarsanidir olmoqchi boʻlganday engashdi. Mahmud boʻlsa undan ham uch-toʻrt qadam orqaroqqa oʻtib ketdi.

Vaziri a’zam oʻltirgan taxtiravon saf avvalida turgan darveshning roʻbaroʻsiga kelib qolgandi. Bir zamon olomon ichra «Ollohu akbar! Yo Ali!» degan hayqiriq eshitildi. Hali odamlar ne boʻlganligini anglab ulgurmay, Mahmudning gavdasi xaloyiq boshi uzra koʻrindi. U bir sakrab engashib turgan darveshning ustiga chiqdi, undan esa oldingi safdagi darveshning yelkasiga oyoq qoʻydi. Koʻz ochib yumguncha vaqt oʻtmay Mahmud qullar yelkasidagi taxtiravon ustida-vaziri a’zamning roʻbaroʻsida paydo boʻldi. Keksa vazir hech bir ortiqcha harakat qilmay, Mahmud- Kaltakesakning koʻziga xotirjam boqib turardi. Mahmud bagʻoyat tezlikda qoʻynidan Hasan Sabboh bergan hilol mengiz xanjarni chiqardi-da, vaziri a’zamning koʻksiga urdi va shoʻrlik cholning oh urishiga qaramay, xanjarni bir necha bor burab yubordi. Bu payt Mahmudning beliga ham yonboshdagi soqchilardan birining uzun nayzasi sanchildi va u qattiq ingranib, ortiga quladi. Ana shundan soʻng soqchilar uni tepkilab, tanini nayza-yu shamshirlari ila ilma-teshik qilib tashladilar. Hammayoq qip-qizil qon boʻldi.

Boʻronday guvillayotgan xalq ichra qolgan Xayyom tezroq vaziri a’zamning yoniga oʻtmoqqa intildi. Allaqachon yerga qoʻyilgan taxtiravonda boshi bir tomonga qiyshayib, koʻzlari yumilgan koʻyi oʻltirgan buyuk vazir goʻyo pinakka ketganday tuyulardi.

Mahmudning jasadi esa oyoqlar ostida qoldi. Qon tegmagan bir koʻzi ochiq boʻlib, unda mamnunlik aks etib turardi. U bu ayanchli dunyodan ketayotganligidan mamnunmidi yoki xayolidagi behishtga yetmoq umididan xushnudmidi-noma’lum...

Xayyom vaziri a’zamning bilagidan tutdi...

Toʻqqizinchi bob

1

Vaziri a’zamning qazosi butun mamlakatni larzaga soldi. Uning bardamligidan bir qadar umidlangan xaloyiq taqi xavotir va sarosima ichra qoldi. Ahli Isfahonning yuragi, ayniqsa, asta-asta qimirlay boshlagan fitnachilar, ya’ni toju taxt talabida yurganlar vujudga keltirmogʻi mumkin boʻlgan notinchliklardan yuragi bezillardi. Birgina najot Ollohdan, umid esa sulton Malikshohdan. Biroq sulton...

Nizom ul Mulk raiyatning mehrini va ishonchini qozonib ulgurgan edi. Shul bois ham butun xalq-hunarmandu savdogar, olimu shoir, sohibkoru mardikor-hamma-hammasi vaziri a’zam uchun aza tutdi. Boshkent motam ogʻushida qoldi. Bu judolikdan qattiq mutaassir boʻlgan sultonning oʻzi el ichra kam koʻrinsa-da, vaziri a’zam hurmati har kuni qurbonliklar soʻydirib, xudoyilar bermoqlikni amr etdi. Bundan Isfahonda u qadar ham koʻp boʻlmagan beva-bechoralar, gado va kambagʻallarning kuni tugʻdi-tishlari et, ichaklari moy koʻrdi. Ammo taxt vorisining tarafdorlari esa bu ulugʻ musibatdan ham bir manfaat topmoq ilinjida harakatga tushib qoldilar.

Avvalo Nizom ul Mulkning vafotiga hali oʻn kun boʻlmayoq malika Turkon Xotunning zoʻri ila uning vaziri Toj al Mulk vaziri a’zam etib tayinlandi Bu farmoni oliyni sulton ne xayolda tasdiqlaganligini birov tushunolmadi. Biroq ahli raso kishilar, jumladan, Xayyom ham, bu qoraxoniy malikaning navbatdagi mudhish qadami ekanligini fahmlab turardilar. Endi qudratli saljuqlar saltanatining taqdiri hal etilganligi va chindan ham uning avvalgi ulugʻvorligiga putur yetganligi ma’lum edi. Endi taxt vorisi boʻlmish shahzoda Mahmud, aniqrogʻi, uning volidasi Turkon Xotun hal qiluvchi qadamini qoʻysa bas, xurshidi olamning gʻarbdan chiqmoqligi aniq.

Hali donishmand Nizom ul Mulk tirikligida, shahzoda Mahmud toju taxt vorisi deya ovoza qilinganidayoq sultonning saljuqiy xotini Zubayda Xotun va uning oʻgʻli Berkyoruq hamda kanizakdan tugʻilgan Muhammad ila Sanjar ham jazavaga tushib qolgan edilar. Buning ustiga, shahzodalarning yoshlari qariyb bir xil ediki, ayni shu nimarsa ham Mahmuddan oʻzga sultonzodalarning orini qoʻzgʻardi. Shuning uchun ham malikalar va shahzodalar goho oshkora, koʻpincha esa pinhona oʻzaro kurash boshladilar. Buni sezgan kishilar shuncha yillar mobaynida buyuk mamlakatni vaziri a’zam Nizom ul Mulkning aqlu farosati, beqiyos tafakkuri omonda saqlab kelganligiga amin boʻlardilar. Hatto sulton Malikshohga dildan ixlos qoʻygan Xayyom ham mazkur haqiqatni tushunib yetgach, hayratdan yoqa tutdi. Siyosatu davlat yuritish yumushlarining maqtovlarga loyiq bilimdoni boʻlgan jannatmakon vaziri a’zamning hukmdorlarning xotinlari haqida aytgan, bitgan gaplari ham bagʻoyat adolatli chiqdi va uning ixtiyorsiz tarzda qilgan bashoratlari Isfahonning hozirgi kunlaridan xabar bergan edi. Shoir ayriliq iztirobiga botgan qalbi ila bu nimarsani ham his qilib turardi. Faqat u toju taxt, boylik ilinjida na padarini va na tugʻishgan ogʻa-inisini ayamaydigan, ularni boʻgʻizlab tashlamoqqa hozir shahzodalarning tutumlarini, muddaolarini tushunolmasdi. Tushunishni istagani sari butun borligʻini dahshatu nafrat qamrab olardi.

Barcha shahzodalar va ularning onalari sulton Malikshoh huzuriga hamda uning koʻngliga yoʻl izlardilar. Fursat gʻanimat edi, chunki sulton merosxoʻr nomini oshkor qilgan va oʻshal shahzodaning taxtni egallamogʻiga faqatgina Malikshohning oʻzi halaqit berardi. Demak, imkon borida sultonning fikrini oʻzgartirmoq uchun sa’y etmoq lozim. Chunki hademay kech boʻladi. Ana unda sultonzodalar aro qatliom boshlanur va ularning koʻplari jon qaygʻusida har tarafga tirqiragaylar. Lekin hozircha Turkon Xotundan oʻzga malikalarning yoxud shahzodalarning birontasi sulton tomon yoʻl topolmasdilar. Turkon Xotun esa hal qiluvchi odimni qoʻymoqqa, toʻgʻrirogʻi, soʻnggi zarbani bermoqqa shaylanardi chogʻi, chunki u sulton atrofida koʻp parvona boʻlmoqda edi.

Bu kun Isfahon osmoni ham, ahli Isfahonning dillari ham rutubatli edi. Bu huddiki koʻklamning charogʻon quyoshini tuyqus bulut qoplagan misoli edi...

2

Vaziri a’zamning vafot etganiga roppa-rosa bir oy boʻlgan kuni Xayyomni tuyqusdan Malikshoh oʻz huzuriga chorlab qoldi. Buyuk qalb va muruvvat sohibi boʻlmish Nizom ul Mulkning bevaqt mudhish qazosidan soʻng nechukdir huvillab, oʻz fayzini yoʻqotib borayotgan yangligʻ tuyulgan rasadxonada sulton choparining ovozi yangragach, tosh devorlar orasiga jon kirganday boʻldi. Zero bu ulugʻ ayriliq rasadxona ahli uchun bagʻoyat katta yoʻqotish boʻlgan edi. Undagi kishilarning har birlari oʻzicha aza tutardilar, nafaqat marhum hurmati uchun, balki rasadxona va ilmlar istiqboli, qolaversa, oʻzlarining bundan keyingi taqdirlari uchun ham qaygʻurardilar. Shoirning ayni kunlardagi kechmishlari ham bundan mustasno emasdi. U ham ustozi, valine’mati boʻlmish vaziri a’zamdan judolik olovida bir kuysa, rasadxona yumushlarining, ilmlar rivoji xususidagi ulkan rejalarning barbod boʻlmogʻi mumkinligini oʻylab oʻn kuyardi. Ha, shoir bu iztiroblar iskanjasida jizgʻanak ediki, hatto ilki yumush tutmoqni ixtiyor etmasdi. Rasadxonadagi sokin, biroq bir qadar zimistonlik ogʻushiga tushgan hayot shu zayl davom etayotgan ayni damda sulton hazratlarining Umar Xayyomni yoʻqlab qolmogʻi rasadxona ahlini xavotirga solgandan ham koʻra moʻlroq umidlantirardi. Ammo shoir qalbining bir chetida uning oʻzigagina ayon boʻlgan shubha-yu hadik oʻylariga soya tashlab turardi. U koʻnglidagi bu xavotirni doʻstu yorlariga sezdirmaslikka urindi, shundoq ham ertangi kunga boʻlgan ishonchini tobora yoʻqotib borayotgan qismatdoshlarini ayadi.

Xayyom kun choshgohga yetganda sulton saroyi sari yoʻl oldi. Uning fe’lida azaldan mavjud boʻlgan xiyol badgumonlik hozir fikru oʻylariga xuruj qilib borayotgan esa-da, keyingi yillar mobaynida ruhiyatida qaror topgan sokinlik hamma-hammasida Ollohga tavakkul qilmoqlikka undardi. Qadamlarini ohista bosar, shuurida esa saroyga yovuqlashib borgani sari, najot menga yoxud ahli rasadxona-yu ilmu irfonga emas, avvalo sulton hazratlariga lozimdir balki, degan oʻy tobora yolqinlanaverardi. Uning bedor qalbi hukmdorning ogʻir ahvolini, ayni kunlardagi kechmishini juda yaxshi his qilmoqda edi...

Sulton shoirni oʻz bogʻida qarshi oldi. U bagʻoyat yengil va odmi kiyingandi- boshida taqya, egnida yupqa gullik chakmon, ammo oyogʻidagi etikgina shohona edi. Shoirni eng avvalo mana shu hol, ya’ni fasli xazonning sargʻimtir ojiz oftobi borliqni ilitolmay qolgan, tunu saharlarda tanni junjuktirguvchi izgʻirinlar esa boshlagan bir paytda olampanohning bu qadar yengil kiyinib olgani hayron qoldirdi. Biroq sulton mutlaqo sovuqni sezmayotganday qaddini tik va mardona tutib turardi. U bogʻning liboslarini yechmoqqa oshiqayotgan mahzun ogʻochlariga tikilgancha xayol ogʻushida gʻarq edi. Vale ushbu damda bogʻni bogʻ degulik angori yoʻq edi. Avvali kuz oʻz yumushini bajargan boʻlsa, qolaversa, bu oshyonda mehribon va zavqli bir nazarning fayzi sezilmasdi. Yaqinlarda ham qiygʻos ochilib turgan gullarning quruq shoxlarigina qolgan, mevali va mevasiz ogʻochlar esa haligi ahvolda edi. Bogʻda na biron bir chechakning rang-tusi koʻrinmas, na biron bir sayraguvchi qushning tovushi eshitilmasdi. Hozir chor atrof, ya’niki gulzoru bogʻning koʻrinishi sultonning ahvol ruhiyasiga, dil kechinmalariga uyqash edi. Hattoki bir zamonlar Xayyom sulton ila shirin suhbatlar qurib, nazmiy lutflardan zavqlangan shiypon ham butkul zabun koʻrinar, uning tegrasidagi gullardan-da nishona yoʻq va tomidan ipakday jildirab oqib turguvchi suvlar ham koʻzga tashlanmasdi. Korizlardan kelguvchi tip-tiniq suvlar oqib turganida ham bu maskanga hozir oldingiday fayz bagʻishlamasligi ayon edi. Chunki, bir tomoni, kun sovuq boʻlganidan suvning muzdek tarovati kishiga xush yoqmasa, yana bir yogʻi, har ikkisining ham, ayniqsa, sulton Malikshohning bunga ehtiyoji yoʻq edi...

Hozir butun olam zabun, bogʻ zabun, oʻylar mahzun, koʻngillar iztirobli, xotiralar azobli edi.

Sulton Xayyomning kelganligi haqidagi xabarni mulozimdan eshitganidan soʻngra ham taqi beixtiyor oʻyga choʻmgan edi. Shoirning salomini eshitgach, xayollaridan ayro tushdi va sodiq nadimiga oʻgrilib, unga peshvoz yurdi.

-Omonda bormisiz, yo yulduzlar oshigʻi?!-dedi sulton va negadir hozir ilk bora Xayyom ila quchoqlashib koʻrishdi.

Yo alhazar! Sulton ancha qarigan va bu yovqur turkiy tojdorning sahroyi yuzida burungi shiddat hamda ancha-muncha kishining irodasini sindirguvchi sirli ulugʻvorlik koʻrinmasdi. Mana, oʻsha xotunlar makrining ulugʻ donishmand vaziri a’zam necha bor ogoh etgan mudhish oqibati, deya oʻylardi Xayyom sultonga dil-dilidan achinib. Olamni titratgan va uning yarmini fath etgan sohibi qudratni ham shu ahvolga solibdi-ya bu ayol zoti.

-Bir zamonlar chamanzor boʻlgan bu makon koʻp fayzsiz koʻrinadur, shoir. Ma’quli, mening sayisxonamu ajoyibxonamni tomosha qila qolaylik.-dedi sulton va oʻsha yoqqa boshladi.

Lekin Xayyom hukmdorning muddaosi ne ekanligini anglayolmasdi. Shunday boʻlsa-da, soʻzsiz itoat ila sultonga ergashdi.

-Chorlovimning boisini tushunolmay hayronsiz, bilamen.-dedi sulton borarkan. -Ammo men ham oddiy banda ekanligimni va goho kimlarnidir sogʻinmogʻim mumkinligini unutmagʻaysiz. -U toʻxtab, shoirga yuzlandi, -Ha, Abulfath Umar, men sizni va sizning suhbatingizni sogʻindim. -Sulton taqi yoʻlga yuzlandi.

-Qulluq, olampanoh.-dedi Xayyom hukmdorning ortidan boʻlsa-da, xiyol ta’zim qilib. -Sizning bu qutlugʻ soʻzlaringiz mening zabun boshimni arsh qadar yuksaltirdi.

Sayisxona darvozasidan kirishlari hamono miroxur (otboqarlar boshligʻi) sultonga ta’zim ila peshvoz chiqdi. Ammo dimogʻi soʻlgʻin bir koʻyda boʻlgan hukmdor bu mulozamatga e’tibor ham, mayl ham bildirmadi-da, oʻzining suyukli otlari tomon yurdi.

Bu joyda kishi koʻp edi. Biri otlarni yuvgan, biri yemish bergan, taqi boshqasi esa xos qoʻralarda otlarning mashqi ila band. Otxonaning bostirmasida boʻlsa bir necha sinchilar bir-biridan goʻzal argʻumoqlarni koʻzdan kechiradilar. Xullas, barcha xizmatchilar oʻz yumushlari ila band.

Sulton toʻppa-toʻgʻri sogʻ yoqdagi bostirma tomon yurdi. U yerda boʻydor, yollari oʻsiq oppoq ikki ot turardi. Ularning adl qomati, yerdan koʻpchiyotgan yangligʻ koʻrinishi yoz osmonida yaxlit-yaxlit boʻlib, turfa xil shakllar paydo qilib suzib yurgan ulkan bulutlarni yodga soladi. Sulton oʻshal bulutmengiz otlar yoniga bordi. Odmi va yengil kiyinganligi hamda oʻzgaga noayon boʻlgan zil-zambil kechmishlar tufayli haligina jussasi kichrayib qolganday tuyulgan sulton endi birdaniga oʻsib ketdi, qomati alplarga qiyos qilgulik darajada ulkanlashdi. Ot azal-azaldan er kishining, ayniqsa, tojdorlarning shavkati hisoblanganki, u tagʻin har erga ulugʻvorlik ham baxsh etadi. Bu olam ne-ne shohlaru sohibi davlatlarni koʻrmagan va ular orasida shundaylari ham boʻlganki, otga boʻlgan muhabbatlari qoshida oʻzga koʻngil mayllari hech edi.

Sulton barmoqlari ila ot yolini tararkan, beixtiyor pichirladi:

-Ha, jonivor, meni sogʻingdingmu? Ulugʻ yurishlarni, biyobonda yeldek uchishlarni qoʻmsadingmu?.. -Soʻng bir pas jim qolib, yuzini ot yuziga bosdi. -Men ham ul yovqur damlarni sogʻindim, doʻstim!. Uning koʻzlari mungligʻ-mungligʻ boʻlib ketdi. Negadir ushbu dam ot ham bagʻoyat gʻamgin boqmoqda edi. Hukmdor sogʻ ilki ila otni quchoqlab, yuzini yuziga bosib ancha turdi va soʻng Xayyomga oʻgrildi.

-Bir gap aytsam inonurmisiz, shoir?-dedi-yu hamrohining xijolatli nigohiga boqib, javobni ham kutmay, tilida tuyqus paydo boʻlgan turk-oʻgʻiz lahjasida davom etdi. -Meningʻ engʻ baxtiyor onlarim ot ustida kechgan kunlarimda qolmish!.. -Ha, u hukmdor, boʻlib hamki, qudratli hukmdor edi. Biroq uning tomirlarida yovqur va hur sahroyi pahlavonlarning qoni oqardiki, mana bu saroylaru qoʻrgʻonli shaharlar uning erkka tashna qalbiga torlik qilardi. Faqat uning oʻzi buni toʻla anglay olmasdi.

-Olampanoh Ollohning bu goʻzal mahluqiga bagʻoyat muhabbat qoʻymishlar, shul bois... -Xayyom ayni payt uchun munosib soʻz topolmasdi.

Malikshoh shoirning soʻzini goʻyo eshitmaganday, soʻzsiz burilib, otlardan yiroqlashdi. Yiroqlasharkan, qadam bosgani sari jussasi yana kichrayib boraverdi. Endi u turfa jonivorlar saqlanguvchi ajoyibxonasi tomon yoʻl tutgandi.

Bu yerda xizmatkorlar ozchilik edilar. Ajoyibxonaning tosh yotqizilgan uzun yoʻlagining har ikki tarafiga katta-kichik qafaslar qurilgandi. Ularda har turli darranda-yu parrandalar saqlanardi va bu jonivorlarning qorishiq ovozlari past-baland boʻlib olamni tutgandi. Ana yoʻlakning oʻng tomonidagi qafaslarda makon topgan boʻri, shoqol, qoplon, yoʻlbars, tulki, sher va yana oʻzga mahluqlar ketma-ket irillaydilar, xirillaydilar. Soʻl yoqdagi qafaslar esa ixchamroq boʻlib, ikki qavatli edi. Ularda turli parrandalar-sayroqi-yu sayramaydigan qushlar saqlanardi. Qushlar orasida toʻtidan tortib qumrigacha, koʻzlari chaqchaygan boyoʻgʻlidan tortib lochingacha bor edi. Darvoqe, lochinlar!.. Sulton ularni bagʻoyat sevardi va u har safar bu yovqur sohibi qanotlarga boqarkan, oʻzida ham mislsiz kuch-qudratni his etardi. Axir ular qushlarning shohi emasmi? Bu esa bashar hukmdori. Bu uyqashlik bejiz emaski, lochinlardagi ulugʻvorlik, gʻurur va shiddat sultonlarga yarashiqli edi. Lochinlardan biri-eng ulkani qafas ichidagi qoʻnoqda boshini tik tutgancha tek qotgan. U sultonni tanidimi yoxud roʻbaroʻsida turgan inson ham hukmdor ekanligini bilganidanmi, dumaloq koʻzlarini unga qadadi. Sulton ham tizginsiz ichki bir xohish ila lochinga tikildi. Qattiq tikildi. Shu qadar tikildiki, uning koʻz oldida qushning yaxlitlashgan bir juft koʻzi qoldi. Vo darigʻ! Yoʻq, endi u ulugʻlikka timsol boʻlmish bu qushdan kuch olmadi, aksincha, yelkalari battar osilib, jismi butkul shalvirab qoldi va lochinning oʻtkir nigohiga ortiq dosh berolmay, koʻzlarini yashirdi. Ichdan xoʻrligi keldi va sovuqqotganidan tani titrayotganini sezdi. Yaxshiki, nariroqda ilkida qalin toʻn tutgancha turgan, Xayyom shu mahalgacha sezmagan mulozim, sultonning ahvolini payqab, unga yaqinlashdi. Hukmdor soʻzsiz itoatkorlik ila qayrilib, mulozim hozirlagan libosni kiydi va hatto unga bir muddat burkanib ham oldi.

-Tojdorlik senga yarashur, yo sohibi qanotlar sultoni! -dedi Malikshoh va Xayyomga oʻgrilib, ayanchli jilmaydi.-Toʻgʻri emasmi, ey, nazm sultoni?

Xayyom hozir har ne soʻz oʻrinsiz ekanligini tushundi va sultonning alpoziga boqarkan, buyuk saljuqiylar hukmronligi ham intiho topayotganligini fahmladi. Chunki, sulton Malikshohning zabun ahvoli shunga ishorat edi. Bu shoirni ham bagʻoyat mutaassir etdi va uning boʻgʻziga nimarsadir tiqilganday boʻlib, entikib ketdi. Bagʻrida bir ulugʻ na’ra junbushga keldi. Qachonlardan beri sokinlik kasb etgan vujudida taqi ikkiga ayrilish paydo boʻlib, ichidan yana bir Xayyom sidrilib chiqa boshladi. Ammo u buni istamasdi, oʻzidagi koʻp sa’ylar ila topgan buyuk halovatni boy bermoqlikka ixtiyorsiz edi. Uning boʻgʻzidagi otilmoqqa hozir na’raga va ikkinchi Xayyomning zohir boʻlmogʻiga esa ilmu ma’rifat ulugʻ vaziri a’zam vafoti tufayli koʻp aziyatlarga roʻbaroʻ kelayotganligini, endi butun ahli ziyoning homiysi, panohi boʻlmish sulton Malikshohning inqirozi esa fuzaloyu shuaroning butkul halokati muqarrarligini isbot etayotganligini anglab yetganligi bois edi. Bu chin ma’noda halokat edi va oqibat shoir bagʻrida ulugʻ na’raga singgan isyon bino boʻlgandi. Biroq u har ne ogʻir boʻlmasin shaytonga xayr berib, alamini ichiga yutdi va Sultonga dalda bermoqqa urindi.

-Men bu jonivorlarni bir umr jam etdim. Ollohning hur mahluqlarini tutib, bandilikka mahkum etdim. -derdi sulton oldga qarab yurarkan. -Men bu mahkumlikdan quvondim, uni oʻzimga ermak qildim! Endi esa... -U nechukdir soʻzdan toʻxtadi.

Odam tabiati azaldan shunday-bir tushkunlik chohiga roʻbaroʻ keldimi, tamom, oʻzini oʻnglab olmogʻi mushkul. Bu ham boʻlsa balki shaytoni la’inning nayrangi chiqar. Sulton ham oʻshal choh ogʻzida bir oyogʻi muallaq, bir yogʻi esa titragan holda qolgan edi. Bir zamonlar, hatto kecha yaqinda ham unga zavqu shavq, bilaklariga kuch, yuragiga mador baxsh etgan manovi turfa jonivorlar endi oʻz qismatlari bois uning bagʻrini ezib, jonini oʻrtay boshlagandi.

Sulton taqi oldga yurdi. Anchagacha biron soʻz demadi. Soʻng toʻxtadi va Xayyom sari oʻgrildi.

-She’r ayting, shoir, oʻtinamen.-dedi bagʻoyat muloyim ovozda.

Xayyom chindan-da she’r xayoli ila bandmidi yoxud bul ruboiyni avval bitib, hozir shuurida aylanayotganmidi, sultonni uzoq kuttirmay, darhol uning oʻtinchini ijobat etmoqqa tushdi:

Jahon ishin alvon-alvon koʻramen,
Olamni tez oʻtar bir on koʻramen.
Xudo haqqi, qayga nazar tashlamay,
Shunda baxtsizligim ayon koʻramen.

Sulton olis-olislarga tikilib turarkan, she’rning oxirgi ikki bandini pichirlab takrorladi:

-«Xudo haqqi, qayga nazar tashlamay, shunda baxtsizligim ayon koʻramen». siz, shoir, valiysiz. Baayni topib aytdingiz!.. -dedi va yana yoʻlida davom etdi.

Ana, yonma-yon ikki qavasda ikki bahaybat sher turibdi. Malikshoh ularga yaqin keldi va qattiq tikilarkan, Xayyomdan soʻradi:

-Bularni tanidingizmu, shoir?

Xayyom shoshib Sultonga baqamti kelarkan, dedi:

-Afu etgaysiz, olampanoh, tanimadim.

-Soʻnggi shikori kabirni eslang. -Sulton biroz sukutda turdi. -Bular oʻsha onasiz qolgan ikki shervachchalardur.

-Ha-ha, esladim, olampanoh. Yo Olloh! Ular shu qadar ulgʻaydilurmu?-deb yubordi Xayyom hayratini yashirolmay.

-Ha, ular ulgʻaydilar.-dedi sulton mudom oʻychan va tili yana turk-oʻgʻiz la0_jasiga koʻchaverdi. -Onasi esa bolalari uchun oʻzini qurbon qildi. Bu darrandalar shohi boʻlmish sher modasiningʻ tutimi. U manov shervachchalar uchun oʻz jonidan kechdi. Odamiyzot onasi esa oʻz farzandiningʻ omonligʻi yoʻlida meni qurbon etmoqchi. -Sulton bu gaplarni goʻyo oʻziga oʻzi aytayotgandek soʻzlardi.

Xayyom avvaliga uning bu gaplaridan lol qoldi. Tushunmadi. Soʻng Sultonning bu kungi ahvolini oʻylab, gap ne xususda borayotganligini tushungandek boʻldi. Asli uning xavfi ham shundan edi.

Sulton yetovida ortga qa ytdilar. Hukmdor endi oʻktam bir ovozda soʻzlamoqqa kirishdi:

-Odam oʻzidan ortiq yasholmas ekan, yo Abul Fath Umar, yasholmas ekan. Qancha kuyib- yonmasin yozuq haq va u oʻzgarmasdir. Bu hukm shohu gadoga barobar ekanligini angladim, yo doʻst! Olloh taboraka taolo shu qadar rahim va shafqat sohibi ekanki, u har banda boshiga kelguvchi baloni, qazosi sababini uning oʻziga avvaldan ayon qilib qoʻyur ekan. Ammo gʻofil odamiyzot buni hamisha ham anglayvermas ekan. Bilaks, ming bir ishoratga qaramay, oʻsha balo yogʻdirguvchi kimarsa yoxud nimarsaga mehr qoʻyib, unga intilib yashayverarkan... -Sulton bir pas oʻychan bordi, soʻng, -Xudo menga ham ishoratlar bergan edi.-dedi ojiz tovushda.

Unga oshno borayotgan shoir esa ushbuni xayollab borardi: inson vujudidagi ixtiyorsiz qoʻrquv koʻp hollarda uni aldamas ekan. Axir odam hamisha qoʻrquv va umid pinjida yashaydi-ku. Bashar farzandini sohibi qudrat qilgan ham shu ikki tuygʻu emasmi? Hukmdor esa endi na qoʻrquv va na umidga oshnodir...

Saroyga yetishgach, sulton Xayyomni birga tanavvul etmoqlikka taklif qildi. Bu ham amr, ham istak edi va u hukmdorga dohil edi. Uni rad etmoqqa shoir imkonsiz va ham ixtiyorsiz edi. Chunki u sultonga dalda bermoqni, koʻnglini koʻtarmoqni va ayni damda tanazzulga yuz tutayotgan islomparvar buyuk bir saltanatni omonda saqlamoqni istardi. Buning uchun soʻnib borayotgan sultonning yuragida taqi olov yoqmoq lozim edi.

Sultonning hordiqxonasiga kirdilar. Hukmdor anchagina sovuq yegandi. Shuning uchun u oʻtirgani hamono ikki qul kelib, poyabzalini yechdilar. Biri idishda suv keltirib, unga qandaydir giyohning tolqonini aralashtirib, sultonning oyogʻiga tutdi. Oyogʻini issiq suvga solgach, u huzurlanib koʻzlarini yumdi. Qul sultonning suv ichida turgan oyoqlarini barmoqlariga qoʻshib uqaladi. Ma’lum fursat oʻtgach, uning oyoqlarini suvdan oldilar va ikkinchi qul yumshoq sochiq ila ularni obdon artdi. Nihoyat jun mato ila oyoqlari oʻrab qoʻyilgan sulton oʻng yoniga yonboshladi. Ayoqlarga quyilgan iliq mayning birini oʻzi olib, ikkinchisini Xayyomga ishorat etdi. Ichdilar. Birozdan soʻng ikkalovlari tanavvulga kirishdilar. Biroq sulton may ichganiga qaramay, ishtahasiz edi. Shoirning nazdida, nomigagina totinib oʻtirganday tuyuldi. Uning may otashi ta’sir etgan yuzida battarroq zabunlik zohir boʻldi. Bundan shoirning yurak-bagʻri ezilib ketdi. Sultonim, sizga ne boʻldi? Qaddingizni koʻtaring, olam eli sizning shijoat va himmatingizga muhtoj tururki, bu holingiz nechun?! Siz sherzodasiz, olampanoh, illo sherlik qiling, deya hayqirgisi kelardi uning. Biroq roʻbaroʻsidagi zotning tojdorlik maqomi bunga izn bermasdi.

-Yaxshiki siz borsiz, shoir.-deya nihoyat tilga kirdi Sulton, -Ancha yengil tortdim. Ollohimning nazargohida (qalbimda) bir kom (umid, orzu) koʻringanday boʻldi. -Soʻng suzilgan koʻzlarida va lablarida bilinar-bilinmas tabassum jilva qildi-da, dedi. -Endi shatranjga qalaysiz, doʻstim?

Xayyom taraddudlandi.

-Olampanohnig sher panjasida sayd yangligʻ ojiz qolmoqlikdan qoʻrqadurmen.-dedi lutf qilib.

-Bundayin mubolagʻaga hojat yoʻq, illo sizning panjangiz zahrini ham unutmaganmiz.

Kulishdilar.

Shu asno boshqa xonaga koʻchib, shatranj surmoqqa kirishdilar. Sultonning xayoli parishonligidanmi yoxud chindan ham shatranj maydonidauning omad tulpori chopmay qolganmidi, Xayyom uni harchand tang ahvolga solmaslikka urinmasin baribir imkonini boy berib qoʻyaverardi. Aslida shoir hozir sultonning gʻalaba qozonib, shodlanmogʻini dil-dildan istardi, biroq bu istagi sira-sira amalga oshmasdi. Sulton esa buni ham oʻzicha tushundi, ya’ni oʻz taqdiriga ishorat deb bildi. Ehtimol shul boisdanmi yoki boshqa sababi bormidi, nechukdir u Xayyomni qoʻyib yubormoqlikni aslo istamasdi.

Roʻbaroʻda mulozim paydo boʻlib, malika Turkon Xotun sulton hazratlarining huzuriga kirmoqqa izn soʻrayotganligini ma’lum qildi. Malikshoh tuyqus shoirga oʻgirildi. Shoir esa fursat yetganligini anglab, oʻrnidan qoʻpdi va ta’zim ila ketishga ijozat soʻradi. Sulton noiloj ijozat berishga berdi-yu ammo xonani tark etayotgan suyukli nadimiga shundayin nigoh ila boqdiki... Uning koʻzlari goʻyo qassob ilkidagi jonliqning koʻzlariga oʻxshardi. Sulton Malikshohning koʻzlari-ya! Bu nigohni Xayyom bir umr eslab oʻtadi hali.

U boʻsagʻada malika Turkon Xotun ila toʻqnash keldi. Malika unga magʻrur va ta’nali boqdi, hatto salomlashmadi ham. Nigohi uning koʻzlarini tark etayotgan soʻnggi lahzalarda esa yuzida kinoyali, shuningdek, tantanavor bir tabassum paydo boʻldi.

Oʻninchi bob

1

Sultonning koʻnglini ovlab, unga betakror bir kechani va’da qilib qaytgan Turkon Xotun oʻzining ishonchli kishisi boʻlmish, ayni damda uning inon-ixtiyori ila vaziri a’zamlik maqomida butun saltanatni soʻrab turgan Toj al Mulkni huzuriga chorladi. Bagʻrida buyuk bir qasos olovi yonayotganligini endi uning oʻzi ham tan olardi. Bu olov butun saljuqiylar sulolasini, birinchi galda, sulton Malikshoh kuydirmoqqa tayyor edi. Axir shu sahroyi qavm emasmi, qoraxoniylardek oliy nasab hukmdorlar sulolasining ildiziga bolta urib, ularning sarhadlariga dahl qilib, ojizlashuviga sabab boʻlgan? Albatta shular. Zero Buxorodek azim va shavkatli shahar ularga tobe boʻldi, qoraxoniylar yaratgan ilmu ma’rifat hamda goʻzal me’moriy inshootlar oʻshal yovvoyilarning soyasida qolib ketdi. Oqibatda Qoraxoniylar sulolasining qudratiga putur yetdi. Hademay ulardan nom-nishon qolmasligi ham mumkinki, illo bu koʻrguliklarning barchasiga mana shu saljuqiylar sababchidir. Uning cheksiz orzu-umidlariga, goʻzal yoshligiga rahna solganlar ham ana shular. Uni fayzli oshyoni boʻlmish Buxorodan ayru etib, Isfahon zindonida bandi qilganlar ham oʻshalar. Buxoroning asir olinib, Isfahon sari joʻnatilgan hukmdori, Turkon Xotunning jiyani Ahmadxonning qismati ham mudom noayon. Agar tirik boʻlsa, qayerlarda xoru zor yuribdi ekan ul manglayi shoʻr?.. Mana endi qasos oni keldi. Mana endi qudratli Malikshoh ibn Alp Arslonning ahvoli tang boʻlgʻay. Endi uning rahnamosi, uni hamisha raiyat ila yaqin tutib kelgan ustozi, boringki, himoyachisi Nizom ul Mulk yoʻq. Ehtimol u ham sultonini kutib yotgandir. Anovi shoirvachcha esa najotga muhtoj, zero ertaga malika qoʻptirguvchi toʻfon ulkan tevani, ya’ni sultonni osmonga uchirmoqqa qodir ekan, bir kichkina taka-Xayyomni yerdan uzolmasmi? Ha, uzadi, uchiradi. Uchirganda ham chirpirak qilib uchiradi. Uning rasadxonasi-yu fuzalosiga, nazmu ilmiga va hatto yulduzlariga gʻorat soladi. Har kuni sulton Malikshohga hamdu sano oʻqigan arkoni davlatlaru amirlarning bir tahdidli holi borki, ertaga taxt vorisi shahzoda Mahmudga-uning oʻgʻliga tiz bukadilar. Agar bundan bosh tortsalar jallod shamshiri bu keraksiz boshlarni chopib tashlaguvsidir. Endi u qasos shamshirini yalangʻochlab, bularning barchasini uhdalaydi. Isfahon taxtiga oʻgʻlini oʻtqazib, butun olamga dahl qilguvchi malikaga aylanadi.

Vaziri a’zam Toj al Mulk huzuriga kirib kelganida malika Turkon Xotun chuqur oʻyga botib oʻltirar edi. U vazirni koʻrib, oʻrnidan turdi va

-Fursat yetdi, yo vaziri a’zam!-dedi koʻzlari yovuz chaqnab.

-Ollohga shukur!-deya Toj al Mulk xushomadgoʻylarcha ta’zim qildi. -Mana endi shavkatli shahzodamizning qutlugʻ manglayida muzaffariyat quyoshi balqgay, inshoolloh!

Malika sodiq kishisining bu yoqimli gaplariga muloyim tabassum ila javob berdi-da, muddaoga koʻchdi:

-Bu kech boshkentimiz Isfahon sizning inon-ixtiyoringizda boʻlgʻay. Shom kirishi ila barcha darvozalarni berkitib, soqchilarni koʻpaytirgaysiz. Bironta tirik jon shaharga na kirmasin va na undan chiqmasin.-Malika nelarningdir mulohazasida biroz jim qoldi va soʻng dedi: -Jamiki shahzodalarni, malika otligʻ nasl-nasabsiz ojizalarni oʻz qarorgohlarida hibsda tutgʻaysiz, toki mendan bir farmon boʻlmaguncha. Bizlarga gʻanim boʻlmish amirlarni esa oʻzingiz yaxshi bilursiz. Ularni ham bandi zindon etursiz, itoatsizlarini esa qatl etmogʻingizga ijozat berurmen.

-Arslon Toshni hammi?-betoqatlarcha malikaning soʻzini boʻldi vaziri a’zam. Chunki u sulton Malikshohning sadoqatli lashkarboshisi boʻlmish amir Asrlon Toshdan ham qoʻrqardi, ham ana oʻsha qoʻrquv ortidan tugʻilgan oʻch alangasida yonardi. Shuning uchun ham imkon tugʻildi deguncha amirlar amiri Arslon Toshni boʻgʻizlab tashlamoqqa hozir edi.

-Eng avvalo ana oʻsha toʻngʻiz mijozni daf qilgʻaysiz.-dedi malika ta’kidlab. -Lashkarning asosiy qismini ham oʻz itoatingizga olmoqqa sa’y eting. Ammo barcha urinishlaringiz avomga aslo ziyon-zahmat yetkazmasin.

-Rasadxonani, uning ahlini ne qilurmiz, malikam?

-Ul nujumparastu kitobparastlarning ilkidan ne ham kelardi, vaziri a’zam.-dedi Turkon Xotun va Xayyomning suyakdor yuzi hamda jussasi koʻz oldiga keldi. -Ammo ularni ham nazaringizdan qochirmagʻaysiz. Qani, omin! -Malika kaftlarini ochdi,-Ollohning oʻzi bizlarga madadkor boʻlsin, Ollohu akbar!

Toj al Mulk xonani tark etdi. Malika u chiqib ketgani hamono saroybekani huzuriga chorladi. Unga bu kech sulton hazratlari tashrif buyurishini aytib, xobxonani eng qimmatbaho matolar ila bezatmoqni, eng tanqis mushku anbarlar ila boʻylatmoqni buyurdi. Toki hukmdor bugungidek huzur-halovatni, oromu lazzatni hech qachon boshidan kechirmagan boʻlsin, deya uqdirdi.

-Eng haliym va lazzatli maylardan, taomlardan hozirlagaysen. Illo sultonimizning qalbida hech qandayin shubha-yu gumonlarga oʻrin qolmay, bizning ogʻushimizga singib ketsin.-dedi Turkon Xotun soʻzlarini tugatarkan.

Filhaqiqat, shunday ham boʻldi-malika sulton Malikshohga betakror bir kechani, visol lazzatini hadya etdi. Nihoyat sulton barcha shubha-yu gumonlardan mosuvo boʻlib, huzur ogʻushida qoldi. Soʻnggi lahzalarda hamma-hammasini unutdi...

2

Xayyom tun boʻyi Isfahonda mudhish bir bezovtalik hukm surganligini sezib yotdi. Sultonning xayrlashuv onidagi nigohi, undagi ma’no sira-sira koʻz oʻngidan ketmadi.

Chindan ham Isfahon bu tunni gʻoyat bedor oʻtkazdi. Eng oldin shahzodalaru malikalarning va saroy a’yonlarining, amirlarning tovonlariga choʻgʻ tushdi. Son-sanoqsiz, buning ustiga, tez-tez xojasini oʻzgartirib turguvchi hufiyalarning, aygʻoqchilarning oyoqlari-yu tillari tinim bilmaydi. Bir pasda uni bunga, oqni qoraga yoxud qorani oqqa sotib tashlashadi. Kechagina oyoqlarini oʻpib, ilkidan yemish yegani xojasining non-tuzi hurmatini ham unutib, uni najasga qorib yuboradilar. Bu kech bunda har tilda chaquv, malomat, har dilda nonkoʻrligu xiyonat sohiblik qiladi, sadoqat, fidolik otligʻ bashariy tuygʻular boʻzlab-boʻzlab qoladilar.

Sultonning saljuqiy malika Zubayda Xotundan boʻlgan oʻgʻli Berkyoruq bir necha sodiq kishilarini, volidasini olib, birinchilar qatori Isfahonni tark etdi. U omonlik istab va hammaslaklarini izlab koʻhna Balx sari yuz tutdi. Amirlarning bir qismi u bilan ketgan boʻlsalar, bir qismi sultonning kanizak xotinidan tugʻilgan oʻgʻillari boʻlmish shahzodalar-Muhammad va Sanjar ila qoldilar. Biroq bu ikki shahzodani bir fursat gʻaflat bosdi. Ular yo padari buzrukvorlarining qoraxoniy xotinidan boʻlgan oʻgʻlini valiahd qilib koʻtarganligidan arazlashib, sultonning oʻlimini kutdilar va yo saljuqiy boʻlganliklari bois har qanday holatda ham Mahmudga bas kelib, uni yanchib tashlamoqliklariga ishondilar. Ne boʻlganda ham ular oʻz qasrlarida bandi etildilar. Amir Arslon Tosh va taqi bir qancha amirlar, saroy hamda devonning nufuzli mansabdorlari zindonband etildilar. Xalq esa ne qilarini bilmay va bu fitnalarning koʻpidan gʻofil holda oʻz kulbasida oʻz qora qozoniga arzi hol aytardi. Hatto ayni damda ehtiros ogʻushida gʻarq boʻlgan sulton ham bu voqeotlardan bexabar edi.

Umar Xayyom oʻz oshyonasida notinch tunga quloq tutib, oʻy surib yotarkan, beixtiyor rahmatli padari buzrukvori soʻzlab bergan savdogar va qul haqidagi rivoyatni esladi. Ha, bu olamda hamma narsa foniy, mana shu foniylikni anglab yetgan odamgina ulugʻlikka yetishgay, maqomi yuksalgay. Shohlik, kuchu qudrat, boyligu shon-shuhrat ham bu ilohiy yoziq qoshida hech ekan. Huddiki Uqlidusning ikki yondosh chizigʻi hech qachon bir-biri ila tutashmasligi kabi olamning mangu va oʻzgarmas aqoidi bu ham. Aks holda podshohlikka erishgan hov oʻsha qul va yoki dunyoning yarmiga sohiblik qilgan sulton Malikshoh biron nimarsaga sazovor boʻlardilar. Ammo ularning bor-yoʻq topganlari adamlik boʻlmadimi? Darigʻokim, ayni shunday. Magaram sulton Malikshoh cheksiz-chegarasiz saltanatiga va yoki beadad boyliklariga inonganmidi? Endi ular kimlarning ilkida qolur va yoxud oʻshal nimarsalar uning bir bora tortgan nadomatli ohiga malham boʻla oladilarmi? Balki u oʻz pushti kamaridan tugʻilgan farzandlariga umid bogʻlaganmidi? Axir ular bu kun bir-birining boʻgʻzini poylagan darrandalar misoli emasmi?! Ular hatto padari buzrukvori boʻlmish sultonni ham gʻajib tashlamoqqa hozir tururlar-ku! Bu ne koʻrgulik?! Bu ne shoʻrish?! Axir u otasi sulton Alp Arslonga xiyonat qilmoq tugul koʻziga tik boqmagandi-ku? Buni Xayyom Nizom ul Mulkning tilidan necha bor eshitgan. Unda Malikshohning boshiga tushayotgan bu kungi xorliklarga bois ne? Qaysi gunohlari uchun bundayin zabunlikka yuz tutdi?.. Xayyom buning sababini tushunganday boʻladi. Ya’ni sulton Malikshoh ham oʻsha sirli oraliqni unutib qoʻydi, chogʻi. Oʻz mamlakati-yu xalqi va olam oʻrtasidagi oraliqni. Chunki harki hukmdor agar xalqidan ogʻcha, uni unutadi va havolanib, shon-shuhratga beriladi. Mabodo bu yorugʻ olamdan ogʻsa, uning fikri torayadi va mayda tashvishlar ila oʻralashib qoladi. Ha, sulton muqarrar oraliqni unutdi yoxud uni payqay olmay qoldi...

Nihoyat tong otdi. Biroq u qaro-qaro boʻlib otdi. Ne-ne davru davronlarni boshidan oʻtkazgan koʻhna Isfahon osmonini sim-siyo bulutlar qoplab olganday boʻldi. Endi boshkentni osoyishta hayot butunlay tark aylagani ayon edi.

Bomdod namozidan bir soatcha fursat oʻtib, ya’ni ishrok mahali rasadxonaga ham oʻsha sovuq xabar yetib keldi. Uni bu yerga kim olib kelganligini ham birov payqamay qoldi. Ahli rasadxona bu xabarni vahima ichra oh-voh ila kutib olgan boʻlsa-da, Xayyomning holatida hech qanday oʻzgarish roʻy bermadi. U goʻyo bu voqea sodir boʻlishini bilgandek edi...

Sulton Muhammad Jaloliddin Malikshoh ibn Alp Arslon olamdan oʻtibdi...

Xayyom oʻychan va xomush oʻltirarkan, sultonning xayrlashuv onidagi nigohi koʻz oʻngidan nari ketmasdi. Shunchalar tengsiz qudrat sohibi boʻlmish bir hukmdorning bu qadar ojizu notavon ahvolda qolganligidan nadomat chekardi. Shu bilan birga endi Isfahonda ilmu ma’rifat va tinchlikning ham kuni bitganligini sezib turardi. Endi uning ham Isfahondan rizq-nasibasi uziladi chogʻi.

Hali sultonning janozasi oʻqilmayoq shaharda mish-mish tarqaldi: hukmdorni kimdir zaharlabdi. Barcha ul kimsaning kim ekanligini yaxshi bilsa-da, ismini ovoz chiqarib aytolmasdi... Janozada sultonning oʻgʻillaridan valiahd Mahmud qatnashdi xolos. Oradan bir necha kun oʻtib, hali sultonning tuprogʻi sovumay poytaxtda talotoʻp va hatto qatliom boshlandi. Aka-uka shahzodalar oʻz tarafdorlarini yigʻmoqqa tushdilar va shu tariqa oʻzlariga gʻanim bilganlarini qilichdan oʻtkazardilar. Shahzoda Mahmud Isfahon taxtini egallagan boʻlsa, Muhammad va Sanjar ham lashkarning bir qismini olib, boshkentni tark etdilar. Endi sultonzoda ogʻa-inilarning hammalari oʻzaro jangga hozirlik koʻrardilar. Bir tomonda goho-goho ismoiliylarning fitnalari ham sezilib qolardi. Rasadxona yumushlari, madrasalar, xususan, Nizomiyadagi saboqlar ham asta-sekin toʻxtatildi. Isfahonga qish sovugʻi kirib kelishi bilan birga uni mudhish bir rutubat ham egallab borardi.

Bu orada shahar boʻylab Turkon Xotun ogʻir dardga chalinib, toʻshakka mixlanib qolganligi haqidagi gaplar tarqaldi. U bir necha bora Xayyomni oʻz huzuriga chorladi, biroq shoir uni koʻrmoqni istamadi. Barcha yovuzliklari uchun taqdir malikadan beshafqat qasos olmogʻini Xayyom yaxshi bilardi...

Xayyom buyuk saltanatdagi bu kungi evrilishlar haqida va odam bolasining gunohga naqadar oʻchligini oʻylarkan, taqi beixtiyor Gʻazzoliyni esladi. Illo alkimyogarlar kibratul ahmarni kashf etib, misni oltinga aylantirmoqning hadisini olganliklari ayon. Ammo Xayyom chinakam kibratul ahmar avliyolar, ahli donish suhbati deb biladi. Axir har odamning goʻzal suhbatlar tufayli topgan koʻngil durlari qaysi oltinu javohirlardan kam? Zero bechora sulton Malikshoh uchun donishmand Nizom ul Mulkning suhbatlari chinakam kibratul ahmar edi. (Ehtimol Xayyomning suhbatlari ham sulton uchun ayni shundayin ma’noga ega boʻlgandir.) Xayyom esa hali shu vaqtgacha Abu Homid kabi hamsuhbatni uchratmadi. Endi esa u tufayli qalbi nechogʻli ziynatlanganligini anglab turibdi. U ahli zamona haqida ham xoʻp gaplarni aytguvchi edi. Ehtimol uning oʻshal gaplari malika Turkon Xotunga ham taalluqli chiqar...

Gunohlarning oqibati qalbning oʻlimi ila natijalanadi, derdi Gʻazzoliy suhbatlar asnosida, lekin bu oʻlimni bu dunyoda bu koʻzlar ila koʻrib boʻlmaydi. Qilmishlarining gunoh ekanini bilsalar-da, kamdan-kam inson gunohdan tiyiladi. Shuning uchun ularning qalb xastaligini Ollohga havola etib, oʻzlari faqat badaniy hastaliklar muolajasi ila band boʻlib qolayotganini koʻrasan. Zero qalb xastaligining muolajasi ogʻirdir. Bu hastalikni tabibsiz davolab boʻlmaydi. Tabiblar kim? Albatta, olimlardir. Afsuski, asrimiz olimlarining oʻzlari xastalikka chalinib, oʻzlari davoga muhtoj boʻldilar. Olimlarning bu nuqsoni umum tus olgan qalb xastaligi orasida koʻrinmay qoldi. Hatto bu ularga tasalli boʻldi. Natijada olimlar xalqni chalgʻitdilar, ularga dardni ziyoda qiladigan dorilarni buyurdilar. Chunki oʻta halokatli boʻlgan « hubbud-dunyo» (dunyoni yaxshi koʻrish) deb atalgan oʻlat chor tarafni egallagan edi. Bu dard tabiblarni ham toʻla magʻlub qildi. Endi ular xalqni bu kasallikdan ogoh etmoqqa qodir emas edilar. Nega? Chunki oʻzlariga nisbatan haqli ravishda shunday gaplar aytilmogʻidan choʻchirdilar: «Sizga ne boʻldi?* Oʻzingiz bu darddan qutulolmay turib, yana bizga undan qanday xalos boʻlmoq yoʻlini oʻrgatmoqchimisiz?» Qachonki tabib nodon va xoin boʻlsa, bemorni halokatga sudraydi. Chunki uning dorisi zahar, davolash yoʻli undan ham battar... Naqadar topib aytardi bu Abu Homid. Uning bu gaplarida oʻz aksimiz xuddi koʻzgudagi kabi aniq-ravshan namoyon emasmi, axir?!..

Oʻsha kech shoirning xomasidan ushbu satrlar toʻkildi:

Jahon siri boʻlsin dil daftarida,
Ochsang, boshga balo el nazarida.
Dildagi har gapni aytib boʻlmaydi,
Sen bu nodonlardan turgʻil, narida.
Koshki tinch joy topib, ketib boʻlsaydi,
Yo bu uzoq yoʻlni oʻtib boʻlsaydi.
Yuz ming yildan keyin orzu-umidlar
Tuproqdan koʻkatdek unib, kulsaydi.

Nihoyat Abul Fath Umar ibn Ibrohim Isfahonni tark etmoqqa ahd qildi.

Oʻn birinchi bob

Xayyom Nishopurga borguvchi karvonning yoʻlga chiqmogʻini kutardi. Jamiki anjomlarini yigʻishtirib, safarga taxt qilib qoʻydi. Aslida uning yuk boʻlgulik nimasi ham bor edi: bir necha sandiqqa jo boʻlgan kitoblari-yu qoʻlyozmalari bor xolos. Hammasi yigʻilib ikki tuya va bir otga yuk boʻlar. Buyogʻi endi Nishopur karvoni yoʻlga tushsa bas.

Bu kun ham bomdod namozini oʻqib boʻlgandan beri vaqti kutmoq ila oʻtayotgan Xayyom choshgohga borib zerikdi. Havo sovuqligiga qaramay, bir pas sayr qilib, rasadxona atrofini soʻnggi bor aylangisi keldi. Yana qayta bu yerlarni koʻrmoq nasib etadimi-yoʻqmi, noma’lum. Har tugul bu goʻzal ma’voda, togʻning soʻlim bagʻridagi bu jannatiy oshyonda umrining salkam yigirma yilini oʻtkazdi. Bu aytishgagina oson. Ehtimol taqdiridagi eng barakotli yillar ham ana oʻsha yigirma yil ichra qolgandir. Axir bu yillar davomida ne-ne yaxshi-yu yomon kunlarni boshidan oʻtkazmadi, ne-ne odamlar ila yoʻliqmadi. Ayniqsa, bu yerda topganidek aziz doʻstlarni ehtimolki umr boʻyi qidirib ham qaytib topolmas: vaziri a’zam Nizom ul Mulk hazratlari oʻz padari yangligʻ qadrdon va mehribon emasmidi. Bundayin donishmand zotni olam qayta koʻradimi-yoʻqmi, Yaratganga ayon xolos. Ul moʻ’tabar inson endi bu dunyoning armoniga aylandi...

Xayyom rasadxona darvozasidan chiqib, oʻngga qayrildi. Devor boʻylab to rasadxona qal’asining adogʻigacha yurdi. Muyulishda toʻxtab, nariroqdagi qir poyida bir hovuch boʻlib koʻringan Boʻyra qishlogʻiga tikildi. Qish boʻlganligi bois qishloq oʻz koʻrkini ancha yoʻqotgan edi. U bahorda, ayniqsa, bagʻoyat goʻzal boʻlib ketardi. Boʻyraning soddadil va saxiy odamlari Abu Homidga ham koʻp manzur boʻlgan edi. Darvoqe, Gʻazzoliy!.. Shoir Isfahonga kelib topgan aziz kishilaridan yana biri edi u. Naqadar dilbar va parhezkor zot! Gʻazzoliy dini Islomning istiqboli ekanligini Xayyom juda yaxshi anglab turardi. Musulmon olami hali undan faxru iftixor qilmogʻi shubhasiz. Abu Homidni taqi koʻrmoq unga nasib etarmikin?!..

Ha, Olloh taboraka taolo Gʻazzoliyga beqiyos aqlu tafakkur in’om etgan edi. Uni avvaliga uncha xushlamagan va hatto turfa fikrlaridan koʻnglida gʻashlik ham sezgan Xayyom buni keyinchalik fahmladi. Gʻazzoliyning favqulodda aql va iste’dod sohibi ekanligini tushundi, tushundi-yu uning suhbatlariga mahliyo boʻldi. Uning dil sezgisi nihoyatda teran edi. Xayyom, ayniqsa, Abu Homidning uch olam haqidagi fikrlaridan mutaassir boʻlgan edi. U ilohyotga xos barcha talqinlarini ham ishonarli qilib asoslay olardi. Qarang, uch olam mavjud, derdi u, quyi-jismoniy olam, oʻrta-nimarsalar ma’no kasb etuvchi ruhiy olam va yuqori olam-Ilohning makoni. Olamni aniq-ravshan qilib bundan ortiq tarkiblab boʻlmas. Unda Abu Homidning oʻzi qaysi olamga mansub edi? Albatta Iloh olamiga-da. Chunki uning oʻzi, toza ruhli kishilar Iloh olamiga mansubdirlar, deguvchi edi. Zero ular Ilohdan yaralganlar va unga qaytadilar. Xayyomning bagʻri hapqirdi, sogʻinch ila hoʻrsinib qoʻydi.

U oʻng yoqqa qayrilib, rasadxonaning orqa tomoniga yurdi. U yer togʻning poyi, ayni damda liboslarini butkul yechgan qip-yalangʻoch ogʻochzor. Ogʻochzor ichra Maryam ikkisi yaxshi koʻrgan va boʻyida nechalab visol onlarini oʻtkazgan buloq ham bor. Maryamni eslab, Xayyomning qalbida uyat hissi paydo boʻlib, oʻzini aybdorday tuydi. Men uni baxtsiz qildim, deya oʻyladi u yuragi oʻrtanib. Axir u goʻzal bir taqdirga loyiq edi va uni, ya’ni shoirni jonu jahonu ila yaxshi koʻrardi, ehtimol hozir ham sevar. Ammo buning devona koʻngliga er-xotinlik mojarosi deymizmi, kishanlarimi, aslo sigʻmasdi. Shuning uchun ham Maryamni ikki hissa baxtsiz qilmoqni istamadi. Hozir Maryamning yoshi ulgʻaygan, padaridan ayrilmoq iztirobi, Vatan sogʻinchi va yillar solgan izlar tufayli yuzi salqigan, hattoki sochlariga bir-ikkita oq ham oralagan edi. Mana, oʻsha qadrdon buloq, qishda ham toʻxtamay, iliqqina boʻlib oqib yotibdi. Ammo bu yer ancha sovuq, izgʻirin yelib turguvchi edi. Shunday boʻlsa-da, shoir toshga oʻtirdi... Ha, goʻzal Maryam ancha ulgʻaydi. Uning koʻziga koʻzi tushganda har safar Xayyomning yurak-bagʻri ezilib ketadi. Shul boismi, Nishopurni ixtiyor etganidayoq Maryamni oʻzi bilan birga olib ketmoqchi boʻldi. Biroq fursat yetib, bu niyatini Maryamga aytganida, u rad etdi. Koʻzlari jiqqa yoshga toʻlib, padarining qabri shu yerdaligini, uni yolgʻiz tashlab ketolmasligini bildirdi. Shundan soʻng shoir shahardagi hovlisini Maryam ila hozirda oʻsha yerda yashayotgan kanizagi Parmudaga in’om qildi.

Filhaqiqat, u Isfahonda kechgan yillarida koʻplab yaxshi odamlarga oshno boʻldi. Suyukli Maryamning otasi donishmand Artur, sohibi gʻayb pir Adam Shayx, sadoqatli xizmatchisi Mikoil, uning shoʻrlik suyuklisi Layli, zaboni talx, vale yoqimli boʻlgan Shokir Talx, Vositiy hamda Isfazariy va ayniqsa, devona dil qariya Yusuf Rindoniy, ehhe-e, bularning har birlari oʻzi bir olam insonlardir. Agar ular boʻlmaganlarida Umar Xayyom otligʻ shuhratli shoir va olim ham boʻlmasligi ayon edi. Maan endi bu aziz doʻstlari ila vidolashuv onlari ham yaqinlashmoqda. Endi u Isfahonni butunlay tark etadi.

Xayyom xayolchan nigohini rasadxona devorlariga tikdi. Ana, rasadxonaning baland va haybatli minorasi, ulugʻvor gumbazlari ham endi mungligʻday koʻrinadilar. Balki ular ham shoirning ketayotganligini sezganliklari bois shundayin turarlar. Dongʻi uzoqlarga ketgan «Faxriy sudsi»ning toqi ham gumbazlar ila boʻylashgudek. Ehhe-e, bu inshootni qanchalar zavqu shavq ila bunyod etgandilar va bu atrofda unga qiyosli suds ham qurilmaganidan faxru iftixorga toʻlgandilar. Bularning bariga Xayyom bosh-qosh boʻlgandi. Hatto sulton Malikshoh ham bu sudsni koʻrib, oʻz hayratu iftixorini yashirolmagandi va ahli rasadxonaga koʻplab in’omlar bergandi. Ul baxtiyor damlar shamolday oʻtdi-ketdi. Vaziri a’zamu sulton Malikshoh ham qaro yerga ketdilar, buyuk mamlakat esa torojga mahkum boʻldi. Azim boshkentu rasadxona ham bagʻrida qancha odam boʻlmasin butkul huvillab qolganday. Ulugʻ insonlarning qazosidan soʻng ilmu ma’rifat ham yetim qoldi, tanazzulga yuz tutdi. Endi ul davru davronlar qaytadimi-yoʻqmi, yolgʻiz Yaratguvchiga ayon.

Xayyom bu odamlar ichra yashab, ilm izlab, taqi bir mangu haqiqatni anglab yetdi. Ya’ni avvaliga nasroniy boʻlgan oʻshal rohib Artur ham, hov sahrodagi vayrona aro hayot kechirgan zardushtiy mubod ham, Islomga baxshida Gʻazzoliy ham yolgʻiz Xudo deb, Haq deya yongan edilar. Ularning hammalari ezgulik, yaxshilik deya yashaydilar va bani odamga ham shuni sogʻinadilar. Ular yaxshi odam degan nomga sazovor edilar. Lekin dinlari turfa, ellari turfa edi, har yoqdan kelardilar va har yoqqa tortardilar. Bir-birlarini tushunmoqni istaganlari hamono goʻyo bir tilda soʻzlay boshlardilar, murodlari ham bir ekanligi ayon boʻlardi. Demakki, Haq odamlar bir-birlariga insof qilgan, bir-birlarini ayagan joyda ekan, ya’ni oraliqda ekan. Shoir shuuriga urilgan bu fikrdan huzurlanib, oʻrnidan turdi va yoʻlda davom etarkan, dilidan shu soʻzlar oʻtdi:

-Xayr endi, qadrdon makon! Shahri azim Isfahon, alvido! Dongʻi olamga doston rasadxonam, xush endi! Sening har bir gʻishtingda, har qarich yeringda mening qalb qoʻrim, koʻzlarim nuri va aziz xotiralarim bor. Xayr endi, xayr!..

U rasadxonaning hali bitib ulgurmagan binosini aylanib oʻtarkan, koʻngli battar iztirobga toʻldi. Qancha orzular, tuzilgan rejalar, ilmga oid yumushlar armon boʻldilar endi...

Xayyom darvozadan kirib, sovuqni ham pisand etmay, rasadxona hovlisida jam turgan oʻz kishilariga roʻbaroʻ boʻldi. Shokir Talx va uning hov oʻsha hamrohi ham shu yerda edilar. Ular birin-ketin shoir ila salomlashdilar.

-Karvon erta tongda yoʻlga chiqarkan, ustoz. dedi Isfazariy xomush.

Barcha ayriliq onining yaqinlashayotganligidan alamda edi.

-Kim aytdi buni?-deya soʻradi shoir beixtiyor.

Ahli rasadxona birvarakay oʻrtada turgan yigitga ishora qildi. Filhaqiqat, orada bir begona odam bor edi. U Xayyomga yovuq kelib, tavoze ila bagʻoyat samimiy koʻrishdi. Shoir unga bir muddat tikilib qoldi. Uning bu holatini koʻrib, yigit yoqimli jilmaydi.

-Hazratim kimgadir oʻxshatdilar, chogʻi?

-Ha-ha, chehrangiz tanishdek koʻrinadur.-dedi Xayyom hamon undan koʻzlarini olmay.

-Yanglishmadingiz, hazrat. Kamina sizni Isfahonga olib kelgan va siz oʻlimdan saqlab qolgan karvon xojasining oʻgʻlidurmen.

-Yo falak!-deb yubordi shoir ehtiros ila,-Koʻzlaringiz bagʻoyat tanish koʻrindi. Otangizga juda-juda oʻxshar ekansiz, inim. Qalay, padaringiz omonmi?

Yigit gʻamgin tortdi.

-Otam qazo qilganlar.-dedi soʻng xazin ovozda.

-Olloh rahmat qilsin. -Xayyom yuziga fotiha tortdi. -Qachon?

-Uch yil boʻldi. Sahroda sherlar hamlasiga roʻbaroʻ kelib...

-He, attang!.. -Shoir ne deyishini bilmay, jim qoldi.

-Otam siz haqingizda juda koʻp gapirardilar. Shul bois sizning Nishopurga ketayotganingizni eshitib, bu tomon yeldim. Xizmatingizda boʻlib, duoingizni olsam deya orzulaymen, hazrat.

-Olloh rozi boʻlsin, inim.-Xayyom qirq toʻrt yoshda edi, ammo ayni damda uning yuzi, soʻzlari nihoyatda ulugʻvorlik kasb etgandi.

Endi u oʻziga oʻkinchli termulayotgan doʻstlari tomon qayrildi. Hademay kech kiradi va juda tez fursatda tong otadi. Shu bilan shoirning Isfahondagi safari qariydi. U Isfahonda topgan barcha doʻstlarini qattiq quchib, xayrlashadi. Ehtimol koʻz yoshlar ham boʻlar, Xayyom shunisiga chidolmaydi. Keyin uni karvon ila Nishopurga uzatib qolishadi. Yaxshiki, Rind uning ila ketmoqqa ahd qildi, har tugul doʻstlarning tafti unga hamroh boʻladi-ku. Ammo Rind ancha keksayib qolgan, safar riyozatlariga bardosh qila olarmikin?

Bir zamon indamaygina turgan Shokir Talx tilga kirib qoldi:

-Hazrat, uzoq yoʻlda oyoqlaringiz malollantirmaguvchi etik hozirlab qoʻygan edim... - U etikni Xayyomga uzatdi.-Oyoqlaringiz mudom yelkamda qolsin, dedim-da.- U hazil ila xazinli jilmaydi.

Shoir mutaassir boʻldi.

-Mendayin vafosiz bir doʻst uchun bunchalar zahmat ne darkor, ayo Talx?!-dedi koʻzlari yoshlanguday boqib.

-Agar Isfahonda qolsangiz har kuni bir etik tikib bermoqqa tayyormen!-deya lutf qildi soʻzamol kosib oʻrtanib.

Ular quchoqlashdilar.

Karvonboshining xizmatchilariga korfarmo bosh boʻlib, Xayyomning hozirlab qoʻygan yuklarini ikki tuya va bir otga yuklashib, olib ketishdi. Huvillagan, ship-shiydon oshyonada shoirning tanho oʻzi qoldi. Tashqaridan nay ovozi eshitildi-Rind mungligʻ bir kuy chalardi.

Shoir sarxush yangligʻ kuy ohangiga hamohang tarzda tebranib, koʻzlarini yumdi. Xayolan Isfahonda kechgan kunlarini oʻzicha sarhisob qila boshladi: bu makonda anchayin barakotli yumushlarni ado etdi. Eng avvalo dunyoda qiyosi boʻlmagan, bagʻoyat aniq hisob-kitobli taqvimni yaratdi. U inshoolloh, asrlar osha odamlarga xizmat qilgʻay. «Sudsi faxriy»ni barpo etdi, rasadxonani kengaytirdi. Eng asosiysi, ikkita falsafiy risolasini yozdi. Ilmi hisobga oid va handasaviy bir necha kashfiyotlar qildi. Ular ham hali ilm olamida koʻp e’tirofu sharaflarga sazovor boʻlgʻay. Ustoz Uqlidusning murakkab asarlariga sharhlar yozdi va hakozo... Vanihoyat koʻngil mulki boʻlmish nazm azmida ham koʻp va xoʻp sa’ylar qildi. Ammo nechukkim hali hanuz shoirlik da’vosi yoʻq... Uning yuragi batarroq iztirobga toʻlib, xazinlashdi. Bu xazinlik ortidan bir ta’rifsiz isyonmi va yo joʻshqinlikmi paydo boʻldi. U oʻzining hasratli ahvolidan junbushga keldi. Axir men ne koʻrgiliklarga roʻbaroʻroʻ boʻlibmanki, bu yangligʻ hasratga botsam. Meni qay tojdor quvgʻin qildi, zindonband etdi va yo jonimni soʻrab turibdi axir? Gʻaznali Mahmud Beruniyni zindonga bandi etib, qay ahvolda tutmish, Ibn Sino ne quvgʻinlarni koʻrmish? Ammo ularning ilm bobidagi zahmatlari mislsiz-ku! Men ne koʻribmen?! Bor-yoʻgʻi bir qadrdon makonni-yu doʻstlarimni tark etmoqdamen xolos. Bundayin ojizu notavon koʻyda qolmoq er kishiga yarashiqlimi axir?!..

Xayyom kechqurun ham allamahalgacha turfa oʻylar girdobida oʻltirdi. Endi u oʻzida ruhiy bir yaxlitlik kasb etgan edi, ya’ni vaqti kelganda ikki yoxud uch odamga aylanib qolmasdi. Shundanmi, butun borligʻidan ruhiy halovat, tavakkul ufurib turardi. Hozirga kelib, shuuri shu qadar tiniqlashdiki, jumla nimarsalar xuddi koʻzgudagidek unda aks etardi. U doimgidek dunyo va odam haqida fikr etarkan, taqi bir muhim haqiqatni kashʻf etdi: odam hayvon va farishta oʻrtasidagi mahluqdir, ya’ni oraliqdadir. U hayvonga ham, farishtaga ham aylanishi mumkin, biroq uning joyi oʻsha oraliqda, odamlikda. Odamning yozigʻi odamlik ekan, shu maqomda sobit qolmogʻi Azal va Abad hukmiga munosibdir... Xayyomning miyigʻida kinoyali tabassum jilva qildi. Oʻzini donishmand sanab, falsafa soʻqiy boshlagani uning kulgisini qistatdi. Bu dunyoning sirini kim ham oxirigacha anglabdiki, sen oshkor etolsang yo Abul Fath Umar! Soʻng shuurida satrlar aylandi:

Masjidu butxona, Ka’bada yohu,
Jannatdan umidu, doʻzaxdan qoʻrquv.
Faqat dunyo sirin anglagan qalbdan
Abadiy quvilmish bu tashvish, qaygʻu.

Xayyom xonada dimiqdi, tashqariga chiqgisi keldi. Togʻdan esguvchi tungi izgʻirin badanni junjiktirardi. Ammo havo nihoyatda musaffo ediki, chuqurroq nafas olinsa, boʻgʻizlar achishib ketardi. Shoir soʻlga qayrilib, minora tomon yurdi. Qishning tiniq va yulduzli osmoni uni oʻziga chorladi, chogʻi. Minora tarafga burilarkan, xontaxta ustidagi qogʻozlar va usturlob atrofida uymalashayotgan Abulmuzaffarga koʻzi tushdi. Uning harakatlaridan zavqlana-zavqlana minoraga koʻtarildi. Minora darichasiga yetganda avvaliga osmonga boshi tegib qolayotgandek tuyuldi goʻyo. Bagʻrini toʻlatib nafas oldi. Izgʻirin burni-yu koʻzlarini achishtirdi. U esa bunga parvo qilmay osmonga intiq tikildi. Bunchalar charaqlamasa bu yulduzlar. Ana «Banat an-na’sh» (Katta Ayiq yulduzlar turkumi), ya’ni «Tobut qizlari» shu’la tushgan koʻz yoshi tomchisi singari yoqimli jimirlaydi. Eng yorqin yulduzlar bular. Yana shoirning koʻnglida evrilish paydo boʻldi. Ayo, yulduzlar, yulduzlar! Siz hamisha oshkorasiz. Dilingizu tilingiz bir, dilingizdagi tilingizda aks etadi. Sizda munofiqlik, riyo yoʻq. Ehtimol shuning uchun ham sizni sevarlar va oʻz taqdirlarini sizga bogʻlarlar!.. Ammo odamlar esa!.. Ular Rahmondan soʻzlab, Shaytonning yumushini qiladilar, mehr-shafqatlar urib, qon ichadilar, koʻzlaringni turfa ziyolar haqida hikoyatlar toʻqiydilar. Men odamizotning fe’lini aslo tushunolmadim va balki tushunolmasman ham. Oʻ, Odam! Odam-a! Yovuzligu ezgulik, yaxshiligu yomonlik, savobu gunoh xususida senchalik moʻl ahkomlar toʻqigan mavjudot boʻlmasa kerak. Ammo hali hanuz ularni oʻzing ham farqlay olmay halaksen. Ezgulik quyoshi balqib, uning taftida bir muddat olamni ilmu urfonga toʻldirasen. Keyin esa uzoq bir fursat jaholat tulporiga minasan-da, barcha tuzganlaringga gʻorat solasen. Bu ne yoziq, bu ne fe’l?! Oʻzing ham bilmassen? Men ham bilmasmen!..

Shoirning tilida yana she’r aylandi:
Koʻplar donishmand deb bildilar oʻzni,
Xudoning zotidan ochdilar soʻzni.
Hech biri bilolmay azal sirlarin,
Aljirab-valjirab yumdilar koʻzni.

Men ham oʻshalarning birimen, deya xayolidan oʻtkazdi Xayyom. Soʻng tobora pastlab borayotgan osmonga tikilarkan, eski bir fikri taqi miyasiga urildi: axir odam tushida ucha oladi. Baland-baland uchib, koinotni qucha oladi. Nahotki bu baxt uning oʻngida imkonli emas? Nahotki?!..

Shu payt quyidan Isfazariyning xitobi eshitildi:

-Ustoz!.. Ustoz, qanisiz? Koʻrdim!.. Koʻrdim yana oʻshal nurni!..

Xayyom bilinar-bilinmas jilmaydi. Odam ucha oladi, degan gap oʻtdi yana xayolidan va oldidagi daricha kengaygandek boʻldi. U oʻng oyogʻini oldinga bosdi, keyin soʻl oyogʻini... Xayyom goʻyo zinadan koʻtarilayotgan yangligʻ muallaq holda yuksalib, koinot bagʻriga singib borardi. Hademay u ham falak toqida miltiray boshlaydi. Ishtiboh shulki-unga bani basharning nigohi yetadimi-yoʻqmi, shuuri uni anglay oladimi-yoʻqmi, noma’lum. Yanaki bu yulduz-sayyora ichra nihon boʻlgan borliq vujudiyat Rahmoniymi yoxud Shaytoniy-bunga ajr berguvchi ham yolgʻiz Olloh taboraka taolodur...

Intiho

-Men bularning barchasi ila birgaman, - deya soʻzini tugatdi nuroniy zot va gʻoyib boʻldi.

U esa mudom yoʻl boshida turar va nigohi har tomonda tentirardi. Yoʻllar juda koʻp edi. Birining avvalida masjid, birida cherkov, boshqasida kaliso qad rostlagandi. Yoʻllar bagʻoyat uzun edi, adogʻi koʻrinmasdi. Lekin barchalarining nurli bir manzilda tutashganligini ilgʻash mumkin edi. Ha, ul manzilning shamshirdek tigʻli ziyolari koinotning har burji tomon taralardi.

-Nahotki ul manzilga yetmoq uchun bu yoʻllarning hammasini bosib oʻtmoq lozim boʻlsa?!-derdi u koʻzlari chaqnab. -Nahotki?!..

TAMOM
IХ. 2001-VIII. 2004

Muallifdan

Umar Xayyom haqida dunyo miqyosida juda koʻplab ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan. Ularning mualliflari shoirni turlicha talqin qilishgan va koʻpchiligi uni dahriy, osiy inson sifatida tasvirlashgan. Buning isboti uchun esa uning ruboiylarini asos qilib olishgan. Ayniqsa, «Hujjatul Islom» nomini olgan buyuk ilohiyotchi olim Abu Homid Gʻazzoliy, Umar Xayyomdek betakror shoir va olimga qarama-qarshi qoʻyganliklari meni koʻp iztirobga solardi. Bu ikki zotning adovatga borib, mayda-chuyda narsalarga oʻralashib qolganliklariga mutlaqo ishongim kelmasdi.

Ushbu mashqimdagi mening asosiy «yangiligim»-Xayyom ila Gʻazzoliyni doʻstlashtirdim, shoirning she’rlarini yangicha talqin etishga urindim. Chunki bu mening Xayyomim, mening tasavvurimdagi Xayyom! Uni qanday qabul qilish esa oʻzingizga havola.

Shunisi aniqki, dunyoda buyuk bir sirli oraliq mavjud. Bu oraliqni hamma ham payqayvermaydi. Umar Xayyom ana oʻsha oraliqni topa olgan. U osmon va zamin oraligʻida edi. Asr va ming yillik oraligʻida edi. U xalqlar-millatlarning, dinlar va nihoyat olamlarning oraligʻida edi. Aql va Qalb oraligʻida edi.

Ammo ishonamanki, Xayyom xudobexabar dahriy va mayparast boʻlmagan (ma’lum muddat ichganligi esa haqiqatga yaqin). U Xudoga yetishgan valiyulloh edi. Qolaversa, u ham sizu biz kabi oddiygina inson boʻlgan va shunday yashagan. Aks holda, yoshi saksonga yetib, Xufton namozini oʻqiyotib, sajda ustida omonatini topshirmasdi. Bu unga Ollohning siylovi va bizlarga esa ulugʻ ishorati edi.

III- qism
 
Keyingi