OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nabi Jaloliddin. Urush (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiUrush (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/05/22
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Urush (hikoya)
Nabi Jaloliddin

Oshxona shiyponiga yelka suyaklari turtib chiqqan, boʻydor, qoratoʻri yigit kirib keldi. U yarim kosa lagʻmon va bitta non olib, nigohi bilan boʻsh joy qidirdi. Eng chekkadagi joylardan biri boʻsh ekanligini koʻrib, oʻzicha xursand ham boʻldi — har tugul toʻpolondan chetroq...

Oshxona binosining ichidayu tashidagi oʻrindiqlarda odam qaynaydi. Hozir ayni tushlik payti boʻlganidan xoʻrandalarning keti uzilmaydi. Choyu ovqatning tafti qoʻshilgan yemakxona havosi dimlagandan-dimlaydi. Shiftga osilgan «shamol»lar tinmay aylanadi, Lekin jagʻlarning tnnimsiz «mehnati»dan, ham issiqning zoʻridan yuz-koʻzlardan ter quyiladi. Haligi yigit bir choynak choy ham olib kelib oʻtirdi. Choyni ikki-uch bor qaytarib, qoshiq bilan ovqatni kavladi. Lekin bir hoʻplam ham ichmadi, goʻyo umuman qorni ochmagandek edi. Oʻamgin koʻzlari u yoq-bu yoqqa ma’nosiz termildi. Choy quyib, hoʻpladi. Koʻkimtir dogʻlari boʻlgan suyakdor yuzi tirishdi...

Shu payt yigitning koʻzi shiyponchaga kirib, nigohi bilan joy izlayotgan cholga tushdi. Oqsoqol joy qidirib kiraverishda xiyol turib qoldi. Axiyri yigitning yolgʻiz oʻtirganini koʻrib, oʻsha tomonga yurdi. Chol chap tomonga qiyshayibroq qadam tashlaganidan oqsaganday koʻrinardi. Qora charm sumkasining bogʻini chorsisi bilan bogʻlab, yelkasiga osib olgandi. Shunchalik issiqqa qaramay, ok yaktagi ustidan chakmon kiygan, boshidagi xiyla uringan doʻppi chetidan qiyiq tangʻigan, oyogʻida oqshaygan maxsi-kalish. Yuzi issiqdan boʻgʻriqib kettanidan oppoq soqoli tovlanganday tuyuladi.

Chol yigitning oldiga yetib kelib:
— Boʻshmi? — deya soʻradi.

Yigit bir koʻzgʻaldi-da, «boʻsh, boʻsh», dedi «soʻramasangiz ham boʻlardi» kabi ohangda.

Chol xaltasini stol ostiga qoʻydi. Boʻsh stulga oʻtirib, choʻntaqlarini bir chekkadan kavlay ketdi. Kavlay-kavlay, turli qiymatdagi anchagina pul yigʻdi. Sanadi. Soʻng pullarni bir qoʻlida ushlab, bir qoʻli bilan xal¬tasini kavladi. Undan ikki dona qip-qizil pomidor oldi. Qiynalibroq oʻrnidan turib, loʻqillagancha ichkariga kirib ketdi. Bir ozdan soʻng bir qoʻlida haligi pomidorlar yuvilgai holda solingan likobcha, bir qoʻlida esa bitta obinon bilan qaytib keldi. Ularni stol ustiga qoʻyib, yana ortiga qaytdi. Chol juda hafsala bilan, erinmasdan harakat qilardi. Har bir harakati «shoshib nima qildim, buyogʻi omonat», deyayotgandek edi. Yaxshiki, qariyaning omadi chonib, qozon boshida navbatda turganlar nihoyalab qolgandi. Bir kosa lagʻmonu bir choynak choy bilan ikkita piyola olib, ortiga qaytdi. Ovqatini stolga qoʻyayotgandi, ichidagi qoshiq yerga tushib ketdi. Na ovqat yemay, na choy ichmay, cholni zimdan kuzatib oʻtirgan yigit qoshiqning ovozidan bir choʻchib tush¬di. Shoshib qoshiqni yerdan olib, «yuvib kelaman», deya irgʻib oʻrnidan turayotuvdi, chol qoʻli bilan «bu yoqka beraver» deganday ishora qildi. Yigit indamay qoshiq¬ni uzatdi-da, joyigʻa oʻtirdi. Chol ham oʻtirarkan, qoʻltigʻidan gʻijim durra olib, qoshiqni artdi-da, ovqatiga soldi. Keyin yonboshidan belbogʻiga osib olgan pichogʻini chiqarib, pomidorlarni shoshilmay, palla-palla qilib toʻrgʻay boshladi. U goʻyo faqatgina ayni paytda mashgʻul boʻlgan narsasini oʻylayotgandek koʻrinar, atrofdagilarga va umuman hech narsaga e’tibor bermasdi.

Yigit uning harakatlariga zavq bilan tikilib oʻtirardi. Bagʻrining allaqaeri sim-sim ezilar va kipriklarining osti achishayotgandek tuyulardi. Balki cholga mehri tovlanarmidi. Hozir, ayniqsa, cholning oppoq kumushday tovlangan soqoliga havasi kelar, oʻzi ham xuddi shunday soqol qoʻyishni ich-ichidan istardi...

Chol pomidorni parraqlab boʻlib, ikki-uch toʻrgʻam nonni tikkasiga — chinnining chetiga suyab, ovqatiga sol¬di. Engashib xaltasidai eskiroq chorsiga oʻralgan bir narsa chiqarib, tizzasiga qoʻydi. Nigohi bilan atrofga nazar tashladi. Hamma oʻzi bilan oʻzi ovora, hech kimning u bilan ishi yoʻq. Nihoyat koʻzlari roʻparasidagi yigitda toʻxtadi. Yigit nigohini olib qochdi.
— Ayb qilmaysiz-da, jiyanim, — deya chol chorsining bir tomonini ochgandi, vino shishasining boshi koʻrindi.

Yigit haligi gap oʻziga aytilganini sezib, bir qimirlab qoʻydi-da:
— Bemalol, bemalol, otaxon! — dedi shoshib va nima qilishini bilmay, nihoyat xiyol tobi koʻtarilgan ovqatini ichishga tushdi.

Chol shishaning qopqogʻini ochib, ikkita piyolaga quydi. Yana yigitga qaradi. Koʻzlar toʻqnashdi. Ularning koʻzlari bir-birlarinikiga juda oʻxshardi — ikkisining ham qorachigʻlarida mislsiz gʻam choʻkib yotgandek ularga qaragan kishi ham oʻzini oʻsha koʻzlarga kirib ketayotgandek his qiladi. Bu nigohlarda yana qandaydir ma’nolar ham yashiringandek.

Chol chap qoʻli bilan sharob quyilgan bitta piyolani yigitning oldiga surdi. Uning uchta barmogʻi yoʻq edi. Yigit seskanib ketdi. Beixtiyor piyolani qoʻliga oldi.

Chol:
— Qani!.. — dedi-da, vinoni sizgʻilab-sizgʻilab ichdi.

Ajabki, yigit ham xuddi qarshisida oʻtirgan chol kabi piyoladagini tishlari orasidan sizib-sizib simirdi.

Cholning koʻzlari yoshlanib ketdi. Bir tishlam non bilan bir palla pomidorni gazak qildi-da, qoʻlidagi durra bilan ter quyilgan yuz-koʻzini artib, ovqat yeyishga kirishdi. Avval ovqatga solib qoʻygan nonlarning birini tishladi. Ovqatda ivigan yumshoq nonni yeyayotgan boʻlsa ham, milklari bilan chaynayotganidan soqoli tez-tez silkina boshladi.

Yigit ham hamrohiga taqlid qilib, bir tishlam non va bir palla pomidorni gazak qildi.
— Ichishni urushda oʻrganganman, — dedi chol ogʻzidagini yamlarkan. — Qaytib kelsam, buvim ham oʻtib ketganakan. Otam prontda oʻlgan. Shu-shu ichaverdim!..

Yigitning nazdida hammayoq jimib qolganday edi, hattoki, atrofdagi odamlarning ovozi ham eshitilmayotgandek hammayoq jimjit. Faqat cholu u bor, xolos.

Chol odamlardan tortinib, sumkasiga yashirgai shishani yana olib, ikki piyolaga lim-lim qilib quydi. Bu safar ikkisi ham indamay olishdi. Yigit gazak qildi-da, oʻrnidan turib, qayoqqadir ketdi. Bir ozdan soʻng bir shisha vino olib kelib, ogʻzini ochdi-da, stolning ostiga qoʻydi.
— Shuni chakki qilding, — dedi chol endi yigitni «sen»lashga oʻtib.
— Ha, endi... — deb qoʻydi yigit odatga koʻra. Yana ikki piyolaga toʻlatib quyishdi.
— Endi yosh bir joyga bordi, u dunyoniyam oʻylash kerak — chol shoshilmay, dona-dona qilib, oʻktam gapirardi. — Namozniyam oʻqish kerak... Machitga-ku chiqaman... — U koʻplarga oʻxshab oʻzini oqlamasdi, shunchaki gapirardi, xolos. — Ammo ba’zan odamlarni yomon koʻrib ketaman. Shunaqa mahallari bugungiga oʻxshab shaharga tushaman-da, bir shishani urvolaman. Koʻnglim xiyla yumshaydi. Bu savilni qishloqda ichgani boʻlmaydi — Oʻgʻil-qizlar bor. Ham desang, namozxon birodarlar bor... Qani!...

Ichishdi. Chol birpas jim turdi-da, yana gap boshladi:
— Azaldan shunaqaman-da, bolam... Meni ichimda mehr bilan qahr hamisha billa. Gohida qahr ustun kelib, odamlarni yomon koʻrib ketaman. Bilmiyman, nimaga bunaqaman?.. Shunda mashi savildan ichaman... Yoʻ-oʻq, koʻp emas... Lekin baribir hurmat-izzat bizi qonimizda bor. U yoʻqolmaydi, — chol shu gapdan keyin yana qandaydir fikr aytmoqchi edi, lekin jim qoldi. Yigitga tikildi. «Seniyam bir darding bor-ov!» — dedi koʻzlari.

Yigitning koʻzlari hamisha yoshlanganday yiltirab koʻrinardi.
— Ikki oy burun buvim (onam)dan ayrildim! ... — Yigit ham juda sekin, ammo ta’sirli ovozda gapirar¬di. — Afgʻondaligimda davlenasi chiqadigan boʻp qoganakan. Yolgʻiz oʻgʻilidim-da... Axiyri oʻsha dard obketdi. Hali yoshiydi!.. — yigitning nigohi qaylargadir tikilib, jim qoldi.

Yana ichishdi.
— Ikki oydan beri toat-ibodat qilib, onamga bagʻishlayapman. Lekin hech oʻzimga kelolmayapman. Avval ham shunaqaydim. Miyamning ichida bir narsa na’ra qilayotganday, yuragimni birov mijgʻilayotganday!.. Hammani yomon koʻra boshlayman, hatto, bola-chaqamni ham... Bariga men aybdorman!... Agar men Afgʻonga bormaganimda, buvim hali uzoq yashardi!.. — yigitning barmoqlari musht boʻlib tugildi.

Chol anchagacha indamadi. Soʻng durrasi bilan yuzidagi terni artib:
— Nechaga kirding? — deya soʻradi yigitdan.
— Oʻttiz birga, — yigitning nigohidan toʻzgʻib ketgan xayollarini yigʻishga urinayotganini payqash mumkin edi.
— Sen tengi oʻgʻlim bor, — deya gap boshladi chol. — Bir kuni shomdan keyin darvozaning orqasidagi gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻirni eshitib qoldim. Uch-toʻrt kishini ovozi kelardi, Biri oʻgʻlimniki. U hadeb «qoʻyvorlaring, oʻzim kiraman, otam soʻrida oʻtiradi», deydi. Chamamda, qaerdadir rosa ichishganu, mast boʻlishgan. Oʻgʻlimni oshnalari suyab-surgab obkegan, shekilli-da...

Indamay soʻriga borib oʻtirvoldim. Bir ozdan keyin darvoza ochilib, oʻgʻlim kirdi. Sirayam dovdiramadi. Oldimdan oʻtayotib: «Assalomalaykum, yaxshi oʻtiribsizmi, ota?» deb ham qoʻydi... Oʻshanday bollardi oldida ichib boʻladimi, bolam!.. — Chol endi uzr ohangida dedi: — Seni oldingda boʻlsa, ichdim. Ikki oylik ibodatingniyam buzibman. Hah, bu savil-a!..
— Oshnalarim har zamonda ichib turgin, bir oz yengil tortib, ovunasan, deyishadi. Men unamayman...
— Toʻgʻri qilasan. Bu xumparni oz-oz pinhon ichish kerak. Maboda ichish kerak boʻlsa-da, — dedi chol gapining nasihat tusini olishidan choʻchib, chapanilarcha tugatarkan.

Yigit qoʻlidagi piyolaga tikilgancha, goʻyo oʻziga gapirayotganday dedi:
— Tunov kuni qiziq ish boʻldi. — U boshini koʻtarib, yonboshiga qaradi, xiyol jilmaydiyam shekilli. Koʻzlarida yosh aylanganday tuyuldi. — Balki... Nima boʻlgandayam shu gapni sizga aytgim keldi-da. Ayniqsa, haligi gaplaringizdan keyin.
— Aytaver, tortinma! — deya chol yuz-koʻzlaridagi terni artdi.
— Xotinim menga xat yozibdi, deng. Buvim oʻlib, ancha choʻkib qoluvdim, shungami. «Buvingiz oʻtgach, u kishini naqadar yaxshi koʻrganingizni sezdim, — debdi. — Endi oʻsha mehringizni menga bering. Men bir umr onangizni oʻrnini bosishga harakat qilaman, dilimda neki ezgulik boʻlsa, sizga bagʻishlayman. Men sizni yaxshi koʻraman!» — deb yozibdi. Tagʻin qoʻshib qoʻyibdi: «Bu gaplarni sizga yuzma-yuz turib aytgim ham keluvdi, lekin... Lekin sizning koʻzlaringizga odam bolasining tik boqishi qiyin. Men ham botinolmadim...» Oʻz xotining xat yozsa, qiziq boʻlarkan. Oʻqidimu toʻlib ketdim.

Chol koʻzidagi yoshnimi, ternimi durrasi bilan sidirdi.
— Xotindan Xudo bergan ekan senga, bolam. Ehtiyot qigin!

Ular bir-birlariga tikilishganicha, bir-birlarining koʻzlariga choʻka boshladilar... Va nihoyat, oqsoqol «Hm-m...» deb qoʻydi-da, choʻntaqlarini kavlashtirib, nosqovogʻini topdi. Bir kaft nosni otib, stulga bemalolroq yastandi.
— Ishqilib, meni gaplarimdan xafa boʻlmadingmi, bolam? — Uning ogʻzida nos borligi hecham sezilmasdi.
— Unaqa demang. Siz menga koʻp narsani anglatdingiz...

Keyin yigit yo qoʻyidagi gaplarni gapirdi, yoki oʻyladi. Chol ham shu gaplarni yo eshitdi, yo xayolidan oʻtkazdi: «Biz odamlar bir-birimizni... hamma odamlar bir-birimizni ayashimiz kerak ekan. Oʻshanda bizlarga koʻp narsa kerak boʻlmaydi, shekilli. Siz xijolat boʻlmang, otaxon, men baribir mast boʻlmayman!.. Men ham oʻgʻlingizga oʻxshab mast boʻlolmayman, ota!..»

Shu payt ularning qarshisida yosh bir militsioner paydo boʻldi. Oʻzi ular shunaqa ov qilishadi — «shishasi» bilan kelganlarni ataylab tek qoʻyishib beradi. Ichadiganiii ichib, mast boʻlishgach, ushlashib, xushyorxonaga yoʻllashadi. Aftidan bu ham chol bilan yigitni anchadan beri kuzatib turganu, endi oʻz ishini bajarmoqqa kirishgandi.
— Bu yerda ichish mumkin emas. Qani, bu yoqqa...

Chol va yigit baravariga militsionerga oʻgirilishdi. Juda xotirjam, hatto, ozgina boʻlsin nafratsiz qarashdi.

Militsioner qariyb bir xil boʻlgan bu ikki juft koʻzga boqdiyu, tebranib ketdi. U hech narsani oʻylolmadi ham. Qoʻlidagi rezina tayogʻi yerga tushib ketgach, oʻziga keldi-da, shoshib tayogʻini olib, joʻnab qoldi...

Bu nigohlar bir-birlariga dosh bera olardi, xolos...

1998