OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nabi Jaloliddin. Vatan (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiVatan (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Vatan (hikoya)
Nabi Jaloliddin

«Ey-y!..» dedi-da, kichkinagina xitoyi televizorining simini elektrdan uzib, beozor zarda bilan tashqariga yoʻnaldi: «Vatandi kuni senlarga qomay oʻlsin, dardingga uraylar!..» Ostonadan hatlab, meva-chevayu ekinlarga toʻla hovlisiga beixtiyor tikilib, turib qoldi. Serbarg mevali daraxtlar jimirlab, yaltiraydi – bu oftobning tafti balandligidan dalolat. Saraton avjida-da. Issiqning hattoki koʻzga koʻrinayotganidan, soyada turganiga qaramay, goʻyo kimdir yuziga qaynoq suv sochib yuborganday entikib ketdi.

Xotinining ovqat qilaman, deyishiga ham koʻnmay, hali tushlikda bir kosa shakarobni non bilan paqqos tushirdi-yu, ustidan terlab-terlab qaynoq choy ichdi. Soʻng koʻnglining koʻchasiga qayrildi – odatdagidek uyga kirib, televizorni qoʻydi-da, toʻshakka yonboshladi. Shunday issiqda esi bor odam kunduzi bir mizgʻib oladi-da. Aslida-ku, jaziramaning dastidan esi kirmagan odamning oʻzi qolmagan chiqar. Shu tariqa esi yoʻq beor televizor nimalarnidir «sayrayverdi», u esa asta-sekin pinakka ketib, oxiri tirrak qotdi. Chamasi, ikki soatcha uxladi, yana oʻsha televizorning ovozidan uygʻondi. Uygʻondi-yu, mijjalariga yopishgan uyqusi harsillagan dunyoning allaqaeriga oʻzini urguncha yarim ochiq koʻzlarini oq-qora tasvirga tikib yotdi. Shuuri tiniqlashib, tasvirdagi ma’nolarni anglay boshlagach, haligi gap -gʻashi kelib, oʻrnidan turib ketdi.

Xotiniyam issiqdan qochib doimgidek roʻparadagi uyning ayvonida yotgandir. Katta oʻgʻli oʻqishga kirish bilan ovora. Kichigi hoynahoy choʻmilgani joʻnavorgan. Yolgʻizgina qizi esa, birovning xasmi emasmi, egasini topib ketgan. Qarang-a, hayhotdek hovlida xotini ikkovi qolibdi-ya. Oʻshan-chun oʻzbek degani oʻntalab tugʻavergan-da. Chunki bitta-ikkita bola bilan bagʻri tezda huvillab qolavergan. Kattasi bu yil oʻqishga kirsa kirdi, boʻlmasa, bahorda uylavoradi. Xudo bersa, bir-ikki yilda nevaralar koʻrib, uyi yana toʻpolonga toʻladi-da. Qizning bolasi baribir birovniki ekan, kelsayam bir-ikki kunga keladi. U mudom ostonada turarkan, bagʻri huvillaganidanmi, beixtiyor xotinini ich-ichidan sogʻinayotganligini payqadi va ayvon tomon yurdi. Oʻrtadagi uch-toʻrt qadamlik oftobroʻyadan koʻzlarini yumib oʻtdi -kuydirvoraman deydi-ya, jonivor.

Issiqdan nafas rostlash niyatida chalqanchasiga yastanib yotgan xotini uygʻoqmidi yoki uning sharpasidan uygʻonib ketdimi, erining hurmatidan, darrov oyoqlarini yigʻishtirib, yonboshlab oldi. U esa soʻrining chetiga oʻtirib, oldidagi choynakdan piyolaga sovuq choy quydi va birvarakay sipqordi: yaxna choy ham, nazdida, iliqday tuyulib, chanqogʻi bosilmaganidanmi, norozi qiyofada tamshandi. Shu holiga,

-Ha bekorchi pariy, yotibsimi ish yoʻgʻligidan maza qile-eb? -deya xotiniga tegishdi.

-Hmm, shu issigʻdayam ish qilib oʻlib qolaymi endi? -deb qoʻydi xotini sekingina va uyquli koʻzlarini ochib-yumarkan, uyqusirayotganday soʻradi. -Nima deb gʻudranayotuvdiyz uyda?

-Hozirgindami?.. -Er bir qimirlab oldi, bilinar-bilinmas jilmaydi. – Bilasanu, oʻzimizi kanallardi koʻrsam jinim qurishib ketadi.

-Unaqa boʻsa, koʻrmay qoʻyovring, deymanu. Nima qilas asabiyzi buzib.

-Boshqa koʻradigan narsa boʻmaganidan keyin koʻrasan-da. Hozir ham bir qiz Vatan haqida ashula aytyapti-yu, oʻzi yarim-yalangʻoch. Orqasini toʻldirib bayraq xilpirab turibdi, degin. Xuddi ashi oʻzi kuylayotgan Vatan uyalganidan bayroqminan yuz-koʻzini toʻsib, «avratiyni bekit, qizim», deyotganday. -Nima boʻlsayam yoshligida kitobni koʻp oʻqigan-da, ancha-muncha chiroyli gapni kelishtiradi. -Yaxshiyam televizorimiz oq-qora, rangli boʻsa, unaqa ashulachilardi kepatasi vobshe dahshat koʻrinsa kerak.

-Ha, biyagʻi mustaqillik bayrami yaqinlashyapti. Unvonmi, mukofotmi olsa keray-da. Ashinchun Vatan haqida aytatta, xoʻjayin, – dedi xotini endi boshini oʻng qoʻlining kaftiga tirab.

-Unvon olsa olib oʻlsin, ommale Vatan haqidagi ashula bunaqa aytilmetta, xotin. Nima, hozirgi yashlar ashilardan oʻrnak oladimi? «Sen uchun jonimni beray»mish. Sen joniynimas... He, dardingga uray!..

-Obbo-oo!.. -Xotin oʻrnidan turib oʻtirarkan, tushib ketgan roʻmolini boshiga ildi. -Vatanparvarligiyzi bilamanu, omma shopur odamga kim qoʻyibdiykin-a bunaqa gaplardi, tavba. Nima balo, bugun siyosatdan obqoldiyz-a?..

Xotinining hazil aralash kesatigʻi uning ham «ilhomini» qoʻzgʻadi.

-Ha, endi siz kulturniy odamsiz-da, bollar bogʻchasini oshpazi boʻsayiz. -Keyin zoʻraki qoʻl siltadi. -Ey-y, sen qorin bandasi Vatandi bilarmiding, dardingga uray!

-Shunaqami?.. Mana, meni Vatanim, bildiyzmi! -Xotini qulochini kerib, avval uylariga, soʻngra hovlisiga ishora qildi va erini koʻrsatib, dedi: -Mana, meni Vatanim, bollarim meni Vatanim!.. Keng (keling), qoʻying, choy-poy damlab beraymi?

Uning mehri tovlanib, kuldi:

-Baribir oʻzing zoʻrsan-da, xotin. Paqat shu hozirgi yashlarga ichim achiganidan... Ular ergashadigan odamlar yoʻgʻ-da. Haligi, oshnam Marip boru... Bilasan, tarixni yaxshi biladi. Ashi tarixda qancha qahramonlarimiz bor, derdi. Ashilarni kino-pino qilish keraymi?.. Ashulachilarimizi ahvoli haligi boʻlsa. Bunaqada... – U jim qoldi-da, xayollari allaqayoqqa uchdi.

-Choy ichassimi-yoʻgʻmi? -dedi yana xotini ta’kidlab, miyigʻida jilmaygancha.

-Ichmiyman. Chekka (yangi berilgan tomorqa) oʻtib kelaman. -deya oʻrnidan turdi.

-Shu issigʻda-ya, dadasi?

-Zeriktim, bir aylanib kelay. Sen bugun osh qilarsan?

-Xoʻp. -Xotini choynakdagi yaxnani oxirgi tomchisigacha quyib, ichdi. -Mayli, aylanib keling, boʻlmasa.

U ayvondan tushib, sahn chetida oqayotgan ariqchada yuz-qoʻlini yuvdi, hoʻl qoʻllarini boshiyu koʻkraklarigacha ishqab, oʻzicha salqinladi.

Shu payt katakdagi tovuqlarning qaqagʻlagani qulogʻiga urildi.

-Oʻrtogʻlaringga don-pon berdingmi? -dedi oʻtirgan koʻyi ovozini balandlatib.

Ayvondan xotinining ovozi eshitildi:

-Qorni toʻq, tuqqani uchun baqiryapti.

U boshini silkitib, kuldi, soʻng uy ichida qolgan durrasini olib, yelkasiga tashladi-da, koʻcha tomon yurdi.

Ularning koʻchasida dov-daraxt moʻl boʻlib, yonidan anhor oʻtganligidan, hiyla salqin tuyulardi. Biroq saraton jaziramasi bu yerda ham oʻz hukmini oʻtkazardi. Chekigacha ancha yurishi kerak, shuning uchun tezdagina terga botmaslik oʻyida qadamini ohista oldi. Borarkan, xotinining gapini esladi: rostdanam oʻzbek uchun bola-chaqasi-yu, uy-joyi Vatan-da. Xotini balo... Ammo bu bir jihati, agar kengroq oʻylansa... Vatanning nima ekanligini toʻla anglamoq uchun uydan chiqish kerakmikin? Nima boʻlgandayam boyagi yarim-yalangʻoch ashulachi aytayotgan qoʻshiq yoki hozirgi aksariyat kinolardagi ovroʻpachasiga kiyinib, chala-chulpa oʻzbekcha soʻzlab, bemalol oʻpishib, quchoqlashayotgan bizga oʻxshamagan odamlar Vatan degani emas-da. Vatan balki yana nimadir, nimalardir... U oshkora kuldi: rostdanam shopir odamga kim qoʻyibdi bunaqa gaplarni. Harbiyda haydovchilik hunarini oʻrgandi-yu, shu-shu yuk mashinalariga bogʻlanib qoldi. Umrining asosiy qismini kolxoz mashinasini minib oʻtkazdi. Nihoyat kolxozlar barham topdi, buyoqda oʻzining ham qon bosimi oshadigan boʻlib, nogironlik nafaqasiga chiqdi. Mana, endigina ellikka kirib, pensionerga aylandi-qoldi. Nomi gʻirt bekorchi-yu eshik-eliga, mol-xoliga qaraydi, olti sotixli chekiga ul-bul narsa ekadi, har holda qora qozonini qaynatib, roʻzgʻorini eplab tebratadi. Uyogʻini soʻrasangiz, yoshligida badiiy kitobni koʻp oʻqigani bilan aslida haligiday chiroyli gaplarni hadeb gapiravermaydi va hatto bugungidek oʻy-xayollaridan oʻzi ham hayratda. Lekin esini tanibdiki, el-yurt, Vatan deyiladimi, xalqmi, ishqilib, mana shunaqa yukliroq narsalar xususida aytilgan yengil-elpi gap-soʻzlarni yoqtirmaydi. Xotini aytmoqchi, vatanparvarligi ham rost, ya’ni, halol-da. Mustaqillikning un va non tanqis boʻlgan avvalgi yillarida, bolalar bogʻchasida oshpaz emasmi, xotini goho uyga bir-ikkita bulka non olib kelib qolardi. U esa bir indamadi, ikki indamadi, uchinchisida tuzukkina soʻkib berdi: «bollarni haqini yeb, qanday singdirasan», dedi. Keyinroq xotini endi mol-qoʻyi uchun ortgan ovqatlarni tashib yurdi. U bunga ham koʻnmadi, «sut-qatigʻini ichadigan hayvoningga har xil shubhali narsalarni berma», deya oʻdagʻayladi. Ana oʻshanda xotini «ja vatanparvarsiz-da, koshki buni birov bilib qoʻysaykan», degandi. Shu-shu goho esiga tushsa, vatanparvarligini pisanda qilib qoʻyadi. Uning esa bilgan falsafasi shu: kimningdir bunaqa gaplarga xushi yoʻqmi, mayli, aslo bu borada gapirmasin, ya’ni hazil-mazaxga aylantirib yubormasin. Hozirgi koʻyiga boʻlsa kutilmaganda tushib turibdi-yu yo haligi yarim-yalangʻoch ashulachining turqi-tarovati shunchalar ta’sir qildimi?..

Bundan uch-toʻrt yil muqaddam qishloqda bir odam paydo boʻlib qoldi. Jikkakkina bu odam aft-angoridan na oʻzbekka va na oʻrisga oʻxshamasdi, yoshi, chamasi, oltmish bilan yetmishning oʻrtasida edi. Aytishlaricha, u asli shu yerlik boʻlib, harbiyligida bir oʻris qizni yaxshi koʻrib, Rusiyaning allaqaysi shahrida qolib ketganmish. Hozir uyoqda binoyidek uy-joyi, bola-chaqalari bormish. Ammo yoshi bir joyga yetgach, birdan bu tomonlarni ixtiyor etibdi. Oilasi koʻnmabdi, lekin u hayyo-huyt, debdi-yu, joʻnavoribdi. Endi bu bor-yoʻgʻi bir gap-da, uyogʻini tagʻin Xudo biladi. Buyoqqa kelsa, urugʻlarining kattalari oʻlib ketishgan, emishki, yoshlari gʻalati qarindoshini qabul qilishmabdi. Shundan keyin u qishloq hammomining qoʻlbola mehmonxonasida yotib yurdi. Kimdir unga eskiroq chopon, doʻppi kiydirib qoʻydi. Uning ohorsiz kiyimlarni kiyishi va yoki uvada koʻrpa-toʻshakda yotib yurishi nochorligidan emas, ehtimol soddalikdan ediki, shu bilan oʻzbek boʻlishga urinardi. Balki allaqachonlar boy bergan qandaydir aziz narsasini qaytadan topishni istarmidi. Hammomning biqinida oʻchoq, qozonlari ham boʻlib, qoʻlbola mehmonxona har kuni ulfatlar bilan gavjum edi. Ollohning eski choponu doʻppini kiyib, «shudgor qoʻriqchisiga» oʻxshab qolgan bu soddadil quli esa (aslida goʻyo endi unga toʻn bilan doʻppi ham begonadek edi) goh choynak, goh tovoq koʻtarib, xizmatga kirishib ketardi. Buni koʻrib, ogʻzining bogʻichi yoʻqlardan birovi, kayfchilikdami nima balo, unga «Miltiqli kishi» deb laqab qoʻyibdi. (Shoʻro zamonida shu nomdagi mashhur, ammo juda zerikarli film boʻlardi va uning qahramoni kinoning boshidan oxirigacha yelkasiga uzun miltiqni osvolib, choynak koʻtargancha u yoqdan-bu yoqqa borib-kelaverardi).

Bir kuni u ham «Miltiqli kishi» bilan gaplashib qoldi: ikki piyola «hasrat-dori»dan «urishgach», ehtiroslar koʻngillardan tillarga koʻcha boshladi.

-Meni hecham uyoqqa ketgim yoʻq, -dedi bolalarnikidek begʻuboru beozor koʻzlarida yosh aylanib «Miltiqli kishi», oʻzbekchada duduqlanganday soʻzlarkan. -Toʻgʻri, bollarimni, xotinimni sogʻinaman. No-o, shu yerda oʻlishni, shu turpoqqa koʻmilishni istayman.

Tavba, negadir oʻshanda bu ham yigʻlab yuborgandi.

Oradan besh-olti oy oʻtib, «Miltiqli kishi» birdan gʻoyib boʻlib qoldi. Aytishlaricha, bolalari olib ketishibdi...

Ehtimol boyagi «yana nimadir» deganimiz uning hech yoʻq oʻlmoq uchun kerakligini anglashimizdir? Buni anglash uchun nahotki tarki Vatan etish zarur boʻlsa?.. Xudo asrasin!..

U katta koʻchaga chiqishi bilan yuziga asfaltning tafti urilib, jaziramaning quvvati ikki hissa ortganday tuyuldi. Bu qizdirilgan tandirmonand joyda birozgina yurishini oʻylab, ichida oʻzini ovutgan boʻldi. Shu payt roʻparasida kelayotgan Soliga koʻzi tushdi. Kar va soqov, goho-goho qoʻllarini siltab, nimalargadir ishora qilib yuradigan bu odam, koʻcha-koʻydagi gaplarga qaraganda, undan uch-toʻrt yosh katta edi. Ehtimol u oʻz ismini biron marta eshitmagandir va balki ismi Soli ekanligini mutlaqo bilmas, lekin odamlar uni Soli deb atashaveradi. Toʻgʻri, qaysidir tili qichiganlarning shunday chiroyli ismning yoniga goho «jinni», «dovdir» soʻzlarini qoʻshib qoʻyishlari ham rost. Ammo Soli jinni emasdi, toʻy-toʻrkinlarda oʻzicha xizmat qilib, idish-ayoqlarni yigʻishtirib, u yer-bu yerlarda qolib ketgan non boʻlaklari va boshqa yeguliklarni, koʻpincha esa yoʻllar chetidagi tamaki qoldiqlari-yu qutilarini, xas-xashak, qoʻyingki, axlat yoki chiqindi degulik neki boʻlsa, barini terib yurardi. Tera-tera bir chetga olib borib tashlardi. Bu yumushini har kuni bajarardi. Hozir ham boshiga oʻngib ketgan eski doʻppi, egniga kir-chir koʻylak va shim kiygan Soli unga yaqinlasharkan, yoʻl chetida yotgan tamaki qutisini olish uchun engashdi. U esa Soliga tikilib borarkan, beixtiyor koʻngli xil-xil eridi, Ollohning mana shu devona quli bilan juda-juda soʻrashgisi kelib ketdi. Biroq nega bunday boʻlayotganligini tushunmadi.

-Assalomaleykim, Soli aka, -dedi u soʻrashish uchun ikki qoʻlini uzatib.

Soli nimadir yamlardi, yuzida kinoyali nim tabassum zohir. Salom beruvchining ovozini eshitmagan boʻlsa-da, uzatilgan qoʻlini koʻrib, soʻrashmoqchi ekanligini payqadi va shoshib qoʻl choʻzarkan, «qalaysan» deganday boshini bolalarcha silkib qoʻydi. Solining rangpar yuzi nihoyatda serajin edi, bu ajinlar bagʻridagi qisiq koʻzlari esa... Ular bagʻoyat ma’noli boqardi va sohibining buyuk aqlu qalbini namoyish etayotgandek chaqnab, yonardi. U bu nigohdan qattiq mutaassir boʻlib, butun vujudi jimirlab ketdi. Soli esa yuzini tirishga koʻmib, tirjaydi-da, goʻyo nimadir dedi-yu, yoʻliga ketaverdi. U bir lahza toʻxtadi va shu turishida judayam muhim boʻlgan nenidir his qildi, lekin shuuri uning ne ekanligini anglamadi...

Mana, nihoyat dala yoʻliga eltuvchi toshloq koʻchaga burildi. Bir tomonida chuqur zovur, bir tomonida esa past-baland qishloqcha uylari bor bu koʻchada boyagidek kuydiruvchi taft sezilmasdi. Bolalikda koʻproq shu koʻchada oʻynashardi va tarafma-taraf mushtlashuvlar ham asosan shu yerda boʻlib oʻtardi. Endi qadrdonga aylanib, gavjumlashgan bu koʻcha oʻshanda xilvatroqmidi. Ayniqsa, sinfdoshi Ma’ruf juda urishqoq edi, ancha-muncha zoʻrning ham ichini toʻkib qoʻyardi. Ammo oʻzi ham chakki emasdi, pakanaroq boʻlgani bilan undayam bitta oʻgʻil bolaning shashti-yu quvvati bor edi. Bundaylarni yuragi dov deyishadi. Har holda pakana yoki novchami, er kishi dovyurak boʻlgani ma’qul-da. Asqotadi. Esida, harbiy xizmatni tugatgach, ham yaxshi hayotga va ham oʻris qizlarga ishqiboz boʻlib, haydovchilik bahona Rusiyada ikki yilcha qolib ketdi. Ishchilar yotoqxonasida uch kishi yotishar, ularning biri armani edi. Bir kuni bekorchilikda «Alibobo va qirq qaroqchi» degan oʻsha mashhur film haqida gap chiqib qoldi. (Oʻshanda bu film rosa ogʻizga tushgan paytlar edi, kinoteatrlarda tinimsiz qoʻyilardi). «Uni Oʻzbekiston Hindiston bilan hamkorlikda ishlagan», dedi u ogʻzi qulogʻida maqtanib. Buni eshitgan armani shu qadar masxaraomuz  tirjaydiki,  uning vujud-vujudidan oʻtib ketdi. Ustiga-ustak «esing joyidami, chto za tupost», deb ham yubordi. U ana shunisiga chidolmadi, armani butun xalqini  oshkora haqoratlayotganligini  yurakdan his qildi. Shahd oʻrnidan turib, oʻrtadagi stolni armanining ustiga uloqtirdi, nimalardir deya soʻkindi, gʻazab va nafrati kuch berib, uni bosib oldi. Uchinchi hamrohlari ajratishga tushdi. Armani kechqurun oʻz qavmdoshlarini boshlab keldi va uch kishilashib bechora millatparastni rosa doʻpposlashdi. Ammo keyinroq armanilar uni rosa hurmat qiladigan, davralariga chorlaydigan boʻlib qolishdi. Ular yo kino chindan ham oʻzbeklarniki ekanligini aniqlashgan va qilmishlaridan uyalishgan, yoki uning oʻz millati uchun mardona turganidan ta’sirlanishgandi. Demak, er kishi hurmat topmogʻi uchun nimalarnidir deb urishib ham turishi kerak shekilli-da.

Ma’ruf ostonasi tagidan oqib oʻtgan ariqcha yoqasidagi ajriqda yolgʻiz salqinlab oʻtirardi. U oshnasining koʻchada maykachan oʻtirganini koʻrib, buni uyat sanaganidan (hayo faqat ayollar uchun emas-da) biroz gʻashlansa-da, uni halitdan beri bir necha bor eslagani uchun koʻngli eridimi, jilmayib, salom berdi. Ma’ruf sal qoʻzgʻolib, qoʻl uzatdi.

-Toʻshak obchiqaymi, oshna? -deb qoʻydi uning ajriqqa oʻtirayotganini koʻrib, shunchaki mulozamat ohangida.

-Rahmat, toʻshakda oʻtirsangam qizib ketasan hozir, -derkan, yuziga fotiha tortdi u. -Qalay, otpiskaga chiqvolib, maza qib dam olyapsanmi?

Ma’ruf oʻqituvchi edi, tarixdan dars berardi.

-Ha, endi... -dedi u peshonasi tirishib. -Dam qayda-ya, oshna, oʻzbeydi dami nimaligini bilasanu.

Shu paytgacha e’tibor bermagan ekanmi, hozir tuzukroq sarasof solgach, payqadiki, doʻsti ancha qaribdi. Maykachan oʻtirgani uchun shimining ustida beoʻxshov osilgan qorni sabab jussasi katta koʻringani bilan tuzukkina choʻkibdi ham. Sochlari oppoq, peshonasi-yu koʻzining atrofini tirish bosgan, yuzi salqigan, nigohi esa avvalgidek oʻtli emas, loqayd boqadi. Bolaligida tovonidan oʻt chaqnardi, hamma narsada birinchi edi. «Ataman-ataman» oʻyinini oʻynashganida nuqul Ma’ruf ataman boʻlardi. Bolalar uni koʻpchiliklashib «qoʻlga tushirishardi»-da, daraxt yoki simyogʻochga rostakamiga chirmab bogʻlashardi. Endi oʻylasa, u ataylab qoʻlga tushib berarmidi, chunki, asir olingan atamanni qiynash va uning qiynoqqa chidashi juda zavqli edi, har tugul odam oʻz mardligini namoyish qilishi uchun bu rosayam qoʻl kelardi. Chamasi, oʻshanda Ma’ruf qiynoqlarga chidab, parolni aytmay turishdan huzurlanardi shekilli. Ammo qiynoqlar qariyb chinakamiga boʻlardi -asirga suv sochilardi, loy otilardi, yumshoq joylari chimchilanardi.

-Yogʻoch ot minvolib, «Ataman-ataman» oʻynaganlarimiz esingdami, Marip? -dedi u xotiraga berilarkan, zavqlanib.

-Esimda, -deb qoʻydi Ma’ruf boshqa gaping yoʻqmidi, deganday pisandsizlarcha.

-Unda biz oʻxshagimiz kelgan odamlar koʻpiydida-a? Hozirgilarni kuni nuqul gʻarnusxa, bachchanusxa ashulachilarga qoldi.

Ma’ruf bir kaft nos otib, indamay oʻtiraverdi.

-Menga qara, bir paytlar qadimdagi zoʻr odamlarimiz haqida ja koʻp rivoyatlar aytib berarding-a? -U doʻstining fe’lini yaxshi bilgani uchun gapiga javob kutmasdan bidillay boshlagandi, Ma’ruf kutilmaganda ogʻzida nosi bilan «si-si»lab qoldi:

-Su deyman biz paqat ulugʻ possolarimiz haqida gapirib, ularni maqtab, osirvoryappiz sekilli-da. Prostoy odamlardan chiqqan zoʻrlarimiz haqida gapirsak yaxsi boʻlarmidi? Chunki yoslar asilarga ergasatta. Masalan, haligi Siroqqa (Shiroqqa) oʻxsagan...

-Oʻzimizi Dukchi Eshonga oʻxshagan, degin, -gapni ilib ketdi u. -Nimaga Dukchi Eshonni koʻpam gipirishovrmaydi, a, Marip? Agar uni kino qilishsami... Zoʻr chiqardi-da. -U savollari koʻpayib ketganligiga ham parvo qilmasdi. -Haligi Shiroq oʻzi boʻgan odammi, Marip?

-Bir rivoyatta endi, -dedi Ma’ruf hamon lablarini qimtib. -Iyagʻini yana tagʻin Xudo biladi.

-Xalqini deb qulogʻi minan burnini kesishsayam chidaydi-ya. -U xuddi oʻzining burin-qulogʻini kesishayotganday gʻalati boʻlib ketdi. -Biziyam shunaqa qilishsa chidarmikinmiz-a, Marip? -deb yubordi bolalarcha soddalik bilan. -Xudo saqlasinu, mabodo urush-purush boʻlsa, bizi xalqam eplab urisharmikin?

Ma’ruf unga savdoyiga boqqanday bir qarash qildi-da, nosini tuflab tashlagach, dedi:

-Ja sersavol boʻp qobsan, tinchliymi? Gaplaring gʻalati-gʻalati. -Keyin xuddi oʻylarini irgʻitmoqchiday boshini keskin siltadi. -Biyil (bu yil) ikkinchi oʻgʻlimi uylashim kerak. Uydagi mol-qoʻylarimdi, teraklarimdi sotsam yetarmikin, deb turibpan. Biyaqda katta oʻgʻlimga bitta vatan qib berishim kerak.

U esa doʻstining gapini goʻyo eshitmaganday gʻoʻldiradi:

-Shu bizi ashulachilar... Unaqa desang, hammamizam Vatanimiz haliyam birovni qoʻlidadek maqtaymiz, kuylaymiz-da. «Seni birovga bermiymiz», «Seni jonimdan sevaman», yana «Senday Vatan qayda bor?» deyishadimiey. Hammasi armon. Vatan bunaqa kuylanmaydi-da, a?

-Ob-boo, rosa boshti ogʻrittingu, bor, ishiyni qil! -deya doʻq urdi Ma’ruf. -Bor-bor!..

-Odam qurib ketganday senga gapirdimmi-ya, -dedi u ham doʻstining zoʻraki doʻqiga javoban. -Borey, dardingga uray seni! Men bir chekdan xabar ob oʻtay.

Picha nariga yetganda Ma’rufning ovozi eshitildi:

-Hoʻy, vatanchi, qaytishda kirgin, bittani ariqchaga tashab qoʻyganman.

U «xoʻp» deganday qoʻl siltab, jilmaydi. Yurib borarkan, yana xayolga berildi: tavba, bularni tushunish, his qilish yoki haligindaqa qiynoqlarga chidash uchun nahotki bola boʻlmoq lozim? Yoki chinakamiga sevmoq va mard turmoqqa bolalardek soddalik, begʻuborlik kerakmikin?..

Tomorqasiga bahorda sabzi sepishgandi, rosa boʻldi jonivor. Yaqinda yigʻishtirib, bozorga «urishdi-yu», oʻrniga makkajoʻxori ekishdi. Ana, makkajoʻxorilar ham til koʻrsatib qolibdi. Hademay, bu yerga uy quradi va katta oʻgʻlini uylab, olib chiqib qoʻyadi. Tomorqa olishga olganu, lekin hali uy qurolmaganlar koʻpchilik, atrofda yakkam-dukkam kichkina-kichkina uylar koʻrinadi xolos. Chor tarafga asosan terak ekilgan. Terak deganlari yaxshi narsa ekan, osh-non soʻramaydi-yu, uch-toʻrt yilda qoʻlga ilingulik daromad keltiradi... «Ie, makkajoʻxori ekilgan uyalarni tovuq titibdimi?» Ha, bitta egatdagi uyalar qatorasiga titkilab tashlanibdi. Ildizidagi doni choʻqilganu, yangi ungan va endi ildizsiz qolgan nihollar soʻliy boshlabdi. Hoyna-hoy bu hamisha birovlarning devor-toʻsiqsiz tomorqalarini ovlab yuradigan qoʻshni juvonning tovuqlari boʻlsa kerak. «Mol egasiga oʻxshamasa harom oʻladi», degani shu-da. Bir koʻngli boʻralatib soʻkkisi keldi, lekin shaytonga hayr berdi. Hozir chaqirsa, baribir eri uyda yoʻq, oʻsha tovuqmijoz juvonga roʻpara boʻladi. Xotin kishi bilan pachakilashib oʻtirmagani ma’qul, siri ketadi. Yaxshisi, uyga borgach, xotiniga aytadi. Tovuqlariga qoʻshib bir adabini bersin...

Chekini astoydil koʻzdan kechirgach, oʻt-oʻlan bosgan oʻydim-chuqur yoʻlga oʻtdi va undan katta anhor yoqasidagi doʻnglikka koʻtarildi. Bu yerdan tevarak-atrof yaqqol koʻzga tashlanardi. Shu turishida, nazdida, dunyo juda keng tuyulib ketdi. Suvi tip-tiniq anhor esa lim-lim oqadi. U qirgʻoqqa oʻtirib, durrasi bilan yuzu-boʻynidagi terni artdi. Soʻng tagʻin Shiroq va bolalikdagi «Ataman-ataman» oʻyini yodiga tushdi. Uning ketidan oʻrislaru amriqoliklar ishlagan qadimgi jangu jadallar haqidagi kinolarni esladi. Ular bunaqa kinolarni qotirishadi, lak-lak lashkarlar qatnashgan muhorabalarni ham juda oʻxshatishadiki, beixtiyor ishonib ketasan, kishi. Oʻzingni goʻyo oʻsha janglarda ishtirok etayotgandek his qilasan va koʻnglingda shiddat yoki mardlikni sogʻinishga oʻxshagan tuygʻumi paydo boʻladi. Ehtirosliroq odam ularni koʻrganida oʻzini juda-juda mard fahmlab, vujudida mislsiz quvvat junbushga kelayotganligini seza boshlaydi. U yoshligidan shunaqa kinolarni yaxshi koʻradi. Ayniqsa, bosh qahramonlarning asir tushishlari va ularning beayov qiynoqlarga chidashlaridan nihoyatda ta’sirlanadi, mardligidan huzurlanadi. Shunday paytlarda goho oʻzini oʻsha qahramonlarning oʻrniga qoʻyib koʻradi va qiynoqlarga chiday olish yoki olmasligini xayolan chamalaydi. Aytsa, birov ishonishi qiyin-ku, koʻpincha bu chamalashi oʻz foydasiga hal boʻladi. Hozir ham Shiroqni eslarkan, xayolan uning oʻrniga oʻzini qoʻyib koʻrdi. Shiroq ulugʻ bir podshohni lashkariga qoʻshib aldagan. Eng qiyini ham shu -u birovni aldolmaydi, yolgʻon gapirolmaydi. Tagʻin kim biladi, mabodo el-yurti uchun boʻlsa, balki... Biroq qiynoqlarga chidaydi. Mana, quloqlarini ham kesishdi. Avvaliga hatto sezmadi. Keyinroq sal-pal ogʻridi -bunga chidash mumkin. Faqat boʻynidan koʻkragiga oqib tushayotgan qonni koʻrganda seskanib ketdi, ozgina vahimaga tushdi. Keyin esa burnini kesishdi. Chidaydi... «Chidayman!..» -deb yubordi u ovoz chiqarib. Oʻz ovozidan xayoli boʻlingach, yon-veriga birrov qarab qoʻyarkan, jilmaydi.

Anhorning muzdek suvida avval qoʻllarini chigʻanogʻigacha, soʻngra yuzu boʻynini, koʻkragini yuvdi. Hozir u goʻyo tanasidagi qonni yuvayotgandek edi...

Sal salqinladi, lekin anhor boʻyi oftobli boʻlganidan narigi qirgʻoqdagi tutqator ostida birpas oʻtirgisi keldi. Oʻrnidan turib, oʻngdagi koʻprik sari yurdi. Roʻparasida yana Soli koʻrindi: u nimanidir izlayotgandek timirskilanib, atrofga tez-tez nazar tashlab kelardi. «Hammayoqni kezib yurarkan-da bu devona», degan gap oʻtdi xayolidan. «Balki Soli biz bilmagan nimanidir bilar? Bu dardingga uray balo!..» U ixtiyorsiz tarzda Soliga tikildi. Soli ham unga tuyqus nazar tashladi. Ana shunda oʻrtadagi anchagina masofaga qaramay, yana uning nigohini aniq-tiniq koʻrdi. Bu nigoh bagʻoyat chuqur edi. Shu qadar chuqurki, unga kirish va ehtimol choʻkish mumkinday tuyulardi... Ular koʻprik oldida toʻqnashdilar. Soli tagʻin «Qalaysan?» deganday bosh silkib, oʻtib ketdi.

Tutqatorning naryogʻidagi etagi ancha uzoqlarga choʻzilgan kartaga paxta ekilgandi. Durkun gʻoʻzalar tizza boʻyi boʻlib qolgan. U tut ostiga oʻtirib, yuz va boʻynidagi namni artdi. Endi oftobning tafti xiyla qaytgan, lekin havo noni uzib olingan va choʻgʻi xiyol soʻngan tandir kabi dim edi. Uning bagʻrida ajib bir sogʻinch paydo boʻldi. Yuragining osti sim-sim oqayotganday, koʻzlarining chetiga birov igna sanchayotganday edi. Ehtimol xotinini sogʻindimi? Qiziq-a? Tavba! U kafti bilan namchil bagʻrini siypaladi. Goʻyo yigʻlagisi kelardi-yu, ammo bu holati oʻziga judayam xush yoqardi. «Dardingga uray buncha shirin-a?..» Yo oshnasi Ma’rufni sogʻindimi? Balki Solining nigohi ta’sir qilgandir? Yoʻq, bagʻridagi narsaning omonligi uchun bular ozlik qilardi... Yana xayollari chuvalashdi: qaytishda Ma’ruf ariqchaga solib qoʻygan «haligindan» ikki piyola «uradi». Havo dim boʻlsa nima qipti? Keyin uyiga borib, xotinjoni pishirgan palovni «tushiradi». Taskin ilinjidagi bu orzu-oʻylari ham kamlik qildi... Halovatsiz jovdiragan koʻzlari gʻujgʻon gʻoʻzalarga tikildi. Shu payt tizza boʻyi boʻlgan gʻoʻzalar oʻsa boshladilar, oʻsa-oʻsa xuddi qadimgi janglar aks etgan kinolardagi sonsiz suvoriylarga aylanardilar va oʻtirgani bois tobora undan balandlab borardilar. Bostirib kelayotgan tish-tirnogʻigacha qurollangan lashkar hisobsiz edi. Uning bagʻri hapriqdi, koʻksini ezgʻilayotgan narsa shiddat bilan boʻgʻziga urildi. Boʻgʻzi kuydi-da, unda mislsiz bir na’ra paydo boʻldi. Hayqirarkan, chap qoʻli yonboshini bezovta paypasladi va kafti nimagadir urildi-da, uni mahkam changalladi. Soʻng biroz xotirjam tortdi, koʻksiga havo toʻlib, koʻtarildi va belida tutgani ulkan qilichni qindan sugʻira oʻrnidan turib ketdi. Shu on oʻng yonidagi serbutoq, egri-bugri tut «Miltiqli kishi»ga aylandi. Uning qoʻlida chindan ham kattakon miltigʻi bor edi. Chap tomonidagi tutlar oʻrnida xotini va Soli paydo boʻldi, orqaroqda esa qornini qappaytirib Ma’ruf koʻrindi. Boshqa tutlar ham tanish-notanish odamlarga aylanardi. Hozir ular hamlaga shaylangan sher yangligʻ roʻparadagi son-sanoqsiz lashkarga bas kelmoqqa qodirday turishardi.