OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nabi Jaloliddin. Vokzal (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiVokzal (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm25KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Vokzal (hikoya)
Nabi Jaloliddin

-Ehtiyot boʻling, birinchi yoʻldan «Nukus-Toshkent» poezdi kirib kelmoqda!

U choʻchib uygʻondi va koʻzlarini xiyol ochdi. Nigohiga eng avvalo urilgan narsa shu boʻldi: oldingi qatorda bozorchi xotinlar koʻtarib yuradigan katta-katta ikkita yuk sumkasiga boshini qoʻyib, yonboshlagancha oʻtirgan odamning, aslida unga koʻrinmagan, (yonbosh oʻtirgani uchun ochilib qolgan) ichki choʻntagidan charm kurtkali qora kepka kiygan bir odam nimanidir olardi. Uning nihoyatda ehtiyot boʻlib harakat qilayotganligini uyqu eltgan koʻzlari ham sezdi. Sezdi-yu, baribir uyqu zoʻr kelib, yana koʻzlarini yumdi. Quloqlaridagi shovqin avvaliga bir maromga tushib, uygʻun tovushga, keyin esa boʻshliq qa’ridagi jimjitlikka aylandi.

Bir payt quloqlarini yana shovqin, aniqrogʻi, oʻshqiriq ovozlari tutdi.
— Pulim qani?.. Pulim yoʻq!.. - deya sarosimada tipirchilardi oldingi qatorda oʻtirgan haligi odam. Qora (balki kulrang, vokzalning nimqorongʻusida sezilmasdi) shlyapasini boshiga apil-tapil qoʻndirib. Shoʻrlik es-xushini yoʻqotib, dam shimu kastimining choʻntaklarini qayta-qayta kovlashtirar, dam oʻrnidan turib, yuklarini timirskilab qolardi, goho engashib oʻrindiqlarning ostiga ham takror-takror koʻz tashlardi. Yonida oʻtirgan ellik yoshlar chamasidagi erkak bilan ayol (er-xotin shekilli) goh unga, goh koʻzlari olazarak bir-birlariga qarashib, «nima gap», deganday yelka qisishadi. Kastim-shim kiyib, uringanroq boʻyinbogʻ taqqan beriroqdagi ziyolinamo kishi esa choʻntagidan xotirjam nosqovoq chiqarib, barmoqlarida biroz aylantirib turdi.
— Odamlaram!.. - deb qoʻydi yonidagi qiz bilan yigitga bir qarab, soʻng kaftiga nos solib, tilining ostiga tashladi.
— Biron narsasini oʻgʻirlab ketishdi shekilli, - dedi orqa oʻrindiqqa oʻtirarkan, guldastamonand chiroyli doʻppi kiygan oʻttiz yoshlardagi moʻylovli qorinamo yigit. - Mol achchigʻi - jon achchigʻi-da.
— Oʻziga ehtiyot boʻlsa boʻlmaydimi, - deya koʻkraklarining ostini ikki kafti bilan beixtiyor koʻtarib qoʻydi yana bir oʻrindiqdagi satang ayol. - Bu yerni Toshkan deydilar axir!..

Shlyapali odam ketma-ket «voy... ex... ax» kabi tovushlar chiqarib, hamon timirskilanardi.
— Qanchaydi oʻzi? - deya soʻradi ziyolinamo, «shuncha vahimaga arziydimi oʻzi» qabilida nosli ogʻzini choʻchchaytirib, shuning ortidan negadir koʻkraklarini kerib.
— Qancha boʻlsayam puldaa? - shipshidi yonboshdagi ayol erini ohista turtib. - Pul topish osonmi hozir.

Shlyapali bir qoʻli kastimining ichki choʻntagida koʻzlari olayib, jim qoldi.
— Ikki yuz ming... Chiptayam ketibdi... - deya oʻziga oʻzi gapirayotganday gʻoʻldiradi. - He, onangni... - Boshidan shlyapasini olib, goʻyo pul ichidaday bir-ikki paypasladi-da, qayta kiydi.
— Voyboʻ-oʻ, koʻp ekan-a? - yana erini turtdi ayol. - Bechora-ya!..

Er esa koʻzlarini loʻq qilib, avval xotiniga, soʻng shlyapaliga qaradi, lekin biron soʻz demadi.

Ziyolinamo choʻntagidan shapaloqday qogʻoz chiqarib (maxsus olib yuradi shekilli), xafsala bilan karnaycha yasadi. Unga erinmay nosni tufladi, ogʻzi toza boʻldi, chogʻi, karnaychaning chetlarini qayirib, berkitdi. Chap qoʻlida lablarini artarkan, oʻng qoʻlida karnaychani oʻrindiq ostiga tashladi. Ogʻzini chapillatib yutindi.
— Yuk-puklaringizni ichini qarangchi, balki bir xayolda solib qoʻygandirsiz, - dedi keyin yana koʻkrak kerib, oʻrindiqqa yastanarkan.

Satang ziyolinamoning qiligʻidan xazar qilganday burnini jiyirdi.
— Koʻplikka koʻp emasu, baribir jalka-da. - deya qoʻllaridagi tilla uzuk va bilakuzuklarini bir-ikki siltadi. Shuning ortidan boʻliq koʻkraklari ham titrab ketdi, xafsala bilan terilib, boʻyalgan qoshu kipriklari tepaga qayrilib, joʻhudiy koʻzlari katta-katta ochildi. Bu odati qosh-koʻzlari atrofidagi ajinlarni bilintirmaslikka, yosh koʻrinishga, balki hattoki erkak-perkaklarga ma’noli qarashga urinishlar tufayli paydo boʻlgan boʻlsa ajabmas.

Shu payt qoʻlida rezina tayoq ushlagan militsioner koʻrindi.
— Hov, aka, - dedi baland ovozda qizning yonida oʻtirgan yigit boʻynini choʻzib. - Anovi odamni pulini oʻgʻirlab ketishibdi.

Militsioner-serjant kimga gapirdi deganday u yoq-bu yoqqa alangladi.
— Ha-ha, sizga aytyapmiz, uka. - Bu ziyolinamoning ovozi edi.

Serjant ularga yaqinlashdi. Boyagi yigitning ovozidan nimadir boʻlganini sezgan bir necha tomoshatalablar atrofga tizildilar.

Shlyapali rangi oqarib, shalviragancha oʻtirib qolgandi.
— Nima boʻldi, aka? - soʻradi serjant uning oldiga kelib, biroz engasharkan. Uning militsionerga unchalik oʻxshamasligini, oʻzbeknamoroq xodim ekanligini ilk gap-soʻzidan, oʻzini tutishidanoq payqash mumkin edi.
— Nima boʻlardi, oʻmarib ketishibdi, - deya toʻngʻilladi xotin erining yelkasiga yaxshiroq suyanib.

Eri xotiniga bir qarab olgach, senrjantga qayrilib, boshini sarak-sarak qildi.
— Qanchaydi? Kim oʻmardi? - Serjant keyingi savoli mantiqsizroq chiqqanini darrov sezib, tuzatishga urindi. - Oʻgʻrini koʻrdingizmi?
— Ikki yuz ming... - deya oldi arang shlyapali chiyillab.
— Men koʻrdim, - dedi halidan beri indamay oʻtirgan, ohorli oq koʻylak ustidan koʻrkam kastim-shim kiygan oʻttiz besh - qirq yoshlar chamasidagi kelishgan yigit. - Oʻgʻrini men koʻrdim, - deb qoʻydi u yana bir bor ta’kidlab va guvohga aylanganini ham sezmadi.
— Oʻgʻrini koʻrgan boʻlsangiz, nega indamadingiz? - qoshlarini battarroq kerib, koʻzlarini chaqchaytirdi satang. - Hech yoʻq baqirmaysizmi!..

Ziyolinamo nima derkin deganday guvohga tikilib qoldi.
— Qoʻrqqandir-da, - shipshidi xotin erini bilinar-bilinmas turtib, birrov serjantga koʻz tashlab qoʻyarkan.
— Koʻrgan boʻlsangiz, qani, buyoqqa kelingchi, - dedi serjant uni qoʻli bilan ham imlab, buyruqnamo ohangda.

Guvoh qaddini kerdi, oʻzini beparvo tutishga urindi.
— Avvalo siz men bilan bunaqa ohangda gaplashmang, uka. Men siz oʻylagan odam emasman.

Uning dadilligidan hayiqdimi, endi satang militsionerga «tashlandi».
— Oʻzi sizlar yaxshiroq ishlab, koʻpchilik boʻlib u yoq-bu yoqqa yurib tursanglar mana shunaqa ishlar boʻlmaydi!
— Toʻgʻri aytasiz, - dedi ziyolinamo oʻng chigʻanogʻini oʻrindiq suyanchigʻiga tirab, koʻkrak kerarkan. - Bular boshqa joyda har qadamda turishadi, lekin vokzalda ozchilik...

Serjant ziyolinamoning gapiga parvo qilmay, dedi:
— Uzr, aka, iltimos, buyoqqa oʻting. - Soʻng shlyapaliga yuzlandi. - Siz pasportingizni bering.

Guvoh «gap mana bunday boʻpti», qabilida yurib, serjantning yoniga oʻtdi.

Shlyapali titroq qoʻllari bilan sumkasini timirskilab bir aallab pasportini topib, uzatdi.
— Siz ham, aka...
— Nima men ham? - dedi Guvoh koʻzlarini loʻq qilib.
— Pasportingizni bering.
— Pasportimni nima qilasiz?
— E, qiziq ekansizu, avval sizlar bilan tanishishim kerakmi, - deya tushuntirdi serjant xotirjamlik bilan. - Pulni topish uchun pul yoʻqotgan odamning, guvohning kimligini bilishim kerakmi axir?

Guvoh ichki choʻntagidan pasportini chiqarib, serjantga tutdi.
— Men juda unaqa guvohmasdirmanu, lekin koʻrganday boʻldim...
— Endi bunaqa deydi, - gap qoʻshdi satang.
— Tushuntirgunimcha bir pas jim turing, opa, - biroz asabiylashdi u. - Uxlab qolgan ekanman. Anovi karnay qaysidir poezd kirib kelayotganini e’lon qiluvdi, choʻchib uygʻonib ketdim...

Serjant qoʻl telefonining soatiga bir qarab, oʻziga gapirayotganday dedi:
— Oxirgi kelgan poezd «Nukus-Toshkent» edi, demak, soat yettilar ekan.
— Ha-ha, toʻgʻri, «Nukus-Toshkent» poezdiydi, - dedi Guvoh serjantning topqirligiga biroz qoyil qolib.
— Xoʻsh, keyinchi? - deya unga beparvo qaradi serjant.
— Keyinmi?.. - Guvoh xiyol kalovlandi. - Keyin karnayning ovozidan choʻchib ketdim. Koʻzimni ochsam, qora kepka bilan kalta koja kiygan bir odam biyagʻdi choʻntagini kovlayotgan ekan. Uyqu zoʻr kelib, yana pinakka ketib qoppan-da... - Keyin koʻzlari parishon tortdi. - Kurtkasi kojamidi, bilmayman. Lekin qoraydi.
— Koʻrsangiz taniysizmi? - soʻradi serjant qoʻlidagi pasportlarni birin-ketin koʻzdan kechirarkan.
— Tanisam kerak... Taniyman-e...
— Siz, uka, bularni soʻroqqa tutguncha pulni toping, oʻgʻrini toping, - dedi ziyolinamo kesatib.
— Siz koʻrmadingizmi oʻgʻrini? - soʻradi serjant.
— Yoʻq, lekin, - ziyolinamo oʻzini mard koʻrsatishga urinardi. - Men ham shular tarafman, - dedi boshi bilan Guvoh va shlyapali tomon imlab.
— Unda siz ham pasportingizni bering.
— Marhamat, - ziyolinamo pasportini uzatarkan atrofdagilarga bir-bir koʻz tashladi. - Bularga indamasang... Hammamiz bir boʻlsak, oʻgʻriniyam, pulniyam topadi.
— Toʻppa-toʻgʻri, - dedi satang salkam oʻshqirib va u ham pasportini berdi. - Juda-a... melisaman, deb, a...
— Men oʻshanda shom oʻqib, - deya tuyqus gapga qoʻshilgan qorinamo bir toʻxtalib, u yoq-bu yogʻiga qarab oldi, - qaytyotuvdim. Men ham bu akam aytgan odamni koʻrganday boʻldim. Agar adashsam, Olloh kechirsinu...
— Siz ham pasportingizni bering.

Xotin qorindor erining baqbaqali ulkan boshiga bir qarab olarkan, turtib, dedi:
— Hammaning pasportini yigʻyapti, biz ham beraylik.

Er boshini sarak-sarak qilib,
— Toʻgʻri, - derkan, bir serjantga, bir xotiniga qarab qoʻydi. Ammo boshidan boshqa biron joyi qimirlamaganday tuyuldi.

Xotin ikkita pasportni serjantga uzatdi.
— Mang, uka...
— Qolgan gapni xonada gaplashamiz, qani, yuringlar-chi. - Serjant ortiga burilib, bir-ikki qadam tashladi.
— Qayoqqa? - dedi Guvoh hayron boʻlib. Boshqalarning nigohida ham shu savol zohir edi.
— Qayoqqa boʻlardi, xonaga. - Serjant yana bir-ikki qadam tashladi. - Ishni rasmiylashtirib, keyin oʻgʻrini qidiramizmi, axir?

Atrofdagi tomoshabinlar birin-sirin nari keta boshladilar.
— Yo qoʻrqyapsizlarmi? - serjant bu gapni ataylab aytganini sezdirmaslikka urindi.
— Kim qoʻrqadi-ey... - Satang oʻrnidan turib, serjantga ergashdi. - Sizdan ham qoʻrqaversak endi, uka.
— Topasiz-a - topasiz... - derkan diplomatini olib Guvoh ham yurdi. - Koʻramiz hali topganingizni.
— Hay, turing, hamma ketyapti, - deya xotin erini turishga undadi. - Pasportimizni olvoldi-yu axir...
— Toʻgʻri... - Eri kuchanib oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

Hamma serjantning ortidan ketsa ham shlyapali merovsirab oʻtiraverdi.
— Sizchi, hov, aka. Oʻgʻrini topaylikmi, axir? - dedi oʻgirilib serjant.
— Yuklarim... yuklarimizchi?
— Haya - haya... - deyishdi barchalari oʻrinlariga qaytmoqchi boʻlishib.
— Biz qarab turamiz. - Bu yigitning pinjiga tiqilguday oʻtirgan qizning ovozi edi.
— Yaxshi... - Serjant ular tomon yurdi. - Qani, sizlar ham pasportinglarni beringlar-chi.
— Bizda pasport yoʻq, - dedi yigit biroz qoʻpol ovozda. - «Studenchskiy bilet» bor.
— Uyam boʻlaveradi, - Serjant ular tomon qoʻl choʻzdi. - Hammaning yuklarini poylab turasizlar, xoʻpmi. - Bir guvohnomaga, bir yigit bilan qizga qararkan, qoʻshib qoʻydi: - Suratinglarga oʻxshamaysizlaru?..
— U birinchi kursdagi rasm-da, aka, hozir toʻrtinchi kursmiz, - deya izoh berdi yigit.
— Unda, mayli. - Serjant barchani ortidan ergashtirib, joʻnadi.

Shu payt «karnay»dan eshitilgan ovoz chor atrofni tutdi:
— Ehtiyot boʻling, ikkinchi yoʻldan «Toshkent-Buxoro» poezdi joʻnab ketmoqda!
— Ie, bizning poezd-ku, - deya tipirchiladi xotin erining dam uyogʻiga - dam buyogʻiga oʻtib turtkilarkan. - Hey, uka, pasportimizni bering, bizning poezd ketyapti.
— Ulgurasiz, avval ishni rasmiylashtirvolaylik. - Serjant yurishdan toʻxtamadi, ular tomon qayrilmadi ham.
— Poezd ketib qoladi, axir!.. - chiyilladi xotin yana erini turtib.
— Toʻgʻri, - qornini ushlab xarsillayotgan er na yurishini va na turishini bilmasdi.
— Ulgurasiz, dedim-ku! - oʻzbeknamo serjant endi jiddiy tortdi. - Kerak boʻlsa, poezdni toʻxtatib turamiz.

Xotin jim qolib, bir oʻziga moʻltirayotgan eriga, bir serjantning ortidan serrayib qarab, yana hammaga ergashdi.

Xonada taxtadan yasalgan yarim devorning naryogʻida stolga enkayib yalangbosh kapitan oʻtirardi.

Serjant odamlar xonaga kirib boʻlgach, devor yonidagi toʻrtta stulga toʻrt kishini oʻtqazdi, boshqalar tik qoldilar. Serjant kapitan tomon qayrilganda, oxirgi stulga oʻtirgan Guvoh shoshib oʻrnidan turdi-da, satangga joy berdi:
— Siz oʻtiring, opa.
— Voy, sizni ovora qilib-a, - kipriklarini ma’noli qoqdi satang.
— Bahodir aka, manovilarning pulini oʻgʻirlab ketishibdi, - dedi serjant yarim devorga chigʻanoqlarini tirab, pasportlarni stol ustiga qoʻyarkan.

Kapitan boshini koʻtarmadi, hatto holatini picha boʻlsa-da oʻzgartirmadi-da, yer ostidan xijjalab dedi:
— Avvalo akang onaginangni quchogʻida! Qolaversa, dolojit qilishni biling, oʻrtoq serjant.
— Kechiras, oʻrtoq nachalnik, aybdorman, - serjant gʻoz turib, oʻng qoʻlini chakkasiga qoʻydi. - Jabrlanuvchi va guvohlarni olib keldim.

Kapitan boshini koʻtardi.
— Oʻgʻrini-chi?
— Belgilarini aytishdi, hozir qidirishga tushaman. Ruxsat eting, - serjant yana qoʻlini chakkasiga tiradi.
— Mana bu boshqa gap. Ruxsat, - dedi kapitan tagʻin stolga enkayib.

Serjant shoshib eshikka yoʻnaldi.
— Hoy, uka, hoy, uka!.. - degancha qoldi xotin erini turtib.
— Toʻgʻri, - dedi nima gapligini tushunmagan er dam xotiniga, dam eshikka moʻltirab.

Guvoh yarim devorga kaftlarini qoʻyib, jiddiy qiyofada murojaat qildi:
— Oʻrtoq kapitan, avvalo bizni jinoyatchilarday bu yerga olib kelishinglar eng kamida qonunga zid. Qolaversa, sizlar...
— Avvalo, oʻrtoq grajdanin, - deya qoshlarini kerib, pastdan oʻqraydi kapitan. - Sizni bu yerga men olib kelganim yoʻq. Siz bilan endi tanishaman. Familiyangiz nimaydi? - deb oldidagi pasportlarni qoʻliga oldi.
— Hamma gapirsayam, siz jim oʻtiring, boʻptimi! - degan xotin erini rostakamiga bir turtib oʻrnidan turdi. - Qani, bundayroq turingchi, - yarim devorga tiranib, chap chigʻanogʻi bilan guvohni surdi. - Hamma balo sizdan boshlandi! Nega koʻrdim, deysiz-a?! Hamma qatori indamay oʻtirsangiz boʻlmasmidi. Endi qising!.. Sizni sharofatingizga bizzi poezd ketib qoladi. - U eriga bir qarab oldi.
— Ehtiyot boʻling, ikkinchi yoʻldan «Toshkent-Buxoro» poezxdi joʻnab ketmoqda! - degan ovoz eshitildi tashqaridan.
— Hay, ukajon, - yalinchoq ohangda kapitanga yuzlandi xotin. - Bizlarga javob bering, poezd ketib qoladi.
— Familiyangiz?.. - Pinagini buzmay soʻradi kapitan.

Aytdi.
— Mana, pasportingiz!..

Xotin pasportlarni changallab, erining qoʻltigʻidan olarkan, Guvohga olayib qaradi:
— Ana, koʻrdingizmi, bular insofli, siz boʻlsa!..

Guvoh hayrat ila yelka qisdi.
— Men nima qildim?.. - deya stulda parishon oʻtirgan shlyapaliga qaradi. - Siz ayting, aka, men nima qildim?!..
— E-e!.. - deya shlyapali oʻrnidan turdi. - Menga qarang, hov, uka, men endi uyimga qanday yetvolaman?

Kapitan shlyapaliga pastdan oʻqraydi.
— Ukayiz, aka, uyingizda - bu bir, tushundingizmi? Familiyangiz nima?

Aytdi.
— Siz kimsiz?
— Jabrlanuvchi.
— Ie, hali sizni oʻmarishdimi? Qanchaydi?
— Ikki yuz ming... Chiptaniyam...
— Ha-a, tuzukkina tunashibdi. - Kapitan shlyapaliga hamdardona qaradi. - Pasportniy danniylaringizni yozvolib, sizga chipta olib beramiz. Pulini uyingizga borgach joʻnatib yuborasiz.
— Rahmatu, ammolekin mening pulim-chi?
— Topsak, sizga joʻnatamiz. - Kapitan tasqaralarcha jilmaydi. - Agar rozi boʻlsangiz-da...

Tashqaridan «karnay»ning ovozi eshitildi:
— Ehtiyot boʻling, toʻrtinchi yoʻldan «Moskva-Toshkent» poezdi kirib kelmoqda!
— Hammasi sizni deb boʻldi! - deya oʻdagʻayladi shlyapali guvohga qarab. - Pulni yoʻqotgan men, sizga nima gʻamiydi? Indamay oʻtirmaysizmi!..
— Nima boʻlyapti oʻzi?! - asabiylashdi Guvoh kapitan tomonga intilib.
— Sizgayam navbat beriladi, - kapitan unga qayrilib ham qoʻymadi. - Siz, aka, - dedi shlyapaliga, - qachon, qaerda, necha pul yoʻqotganingizni yozib bering.
— Poezdimga ulguramanmi, soat toʻqqizda?
— Endi sakkiz yarim boʻlyapti, ulgurasiz.

Shlyapali stulini koʻtarib, soʻl tomondagi kichikroq stol yoniga qoʻydi va kapitan uzatgan ruchkani olib, yozishga kirishdi.

Kapitan kimgadir telefon qilib, buyruq ohangida dedi:
— Toʻqqizdagi poezdga bitta chipta bervoring. Pulini keyin toʻlashadi.

Endi satang oʻrnidan turib, qoshi, labi, koʻkragini kerdi-da, yarim devorga yaqinlashib, Guvohni sal turtdi.
— Hamma gap sizda! - deya gezardi va kapitanga qaradi. - Uk... Oʻrtoq kapitan, men nima qilay? Men hech narsani eshitganimam, koʻrganimam, da’voimam, gapimam yoʻq.
— Unday boʻlsa, juda yaxshi, - dedi kapitan mudom pastdan qarab. Bizziyam sizga da’voimiz yoʻq. Familiyangiz?..

Aytdi.
— Mana, pasportingiz...

Satang guvohga qayrilib, yana bir bor qattiq gezararkan, «erkakning ishi mana bunaqa boʻladi», deganday zarda bilan eshikka yoʻnaldi.

Guvoh tutoqdi:
— Nima boʻlyapti oʻzi, oʻrtoq kapitan? Mening aybim nima?!

Kapitan hamon oʻshanday oʻtirardi.
— Siz kimsiz?
— Menmi?.. Men fermerman.
— Fermerligingizni soʻramayapman, guvohmisiz, jabrlanuvchimi, aybdormi - kim?
— Men... Guvoh... Guvohman...
— Siz bundayroq turing, - dedi uni qoʻli bilan surib, ziyolinamo. - Oʻzi fermerlar qutirib ketishgan. Puli koʻp-da, puli. Borib paxtangni ter... - Endi kapitanga qayrildi.
— Men nima qilay, uk... Oʻrtoq nachalnik?
— Siz kimsiz?
— Menmi?.. Men nos chekishim kerak...
— Nos chekish umuman mumkin emas, u mutlaqo noqonuniy narsa. Men kimsiz, deb soʻrayapman.

Aytdi. Bu orada sarosimada qizarib ham ketdi. Chunki nosning noqonuniy narsa ekanligini hech qachon eshitmagandi-da.
— Mana, pasportingiz. Da’voingiz yoʻq boʻlsa... - Kapitan boshini stolga egib, oʻng qoʻlini siltadi. - Xayr!..

Ziyolinamo avval qoʻli qaltirab, choʻntagidan nosqovogʻini oldi, keyin yagʻir boʻyinbogʻining tugunini boʻsh qoʻli barmoqlari bilan bir chimdib qoʻydi-da, «rahmat» degancha eshikka yoʻnaldi. Ostonada toʻxtab, nos otdi va koʻzdan gʻoyib boʻldi.
— Ehtiyot boʻling, uchinchi yoʻldan «Toshkent-Samarqand» poezdi joʻnab ketmoqda, - degan tanish ovoz eshitildi «karnay»dan.
— Menga qarang, oʻr... - Guvohning gapi ogʻzida qoldi.

Shlyapali yarim devor yoniga kelib, yozgan narsasini kapitanga uzatdi va dam oʻziga, dam kapitanga umidvor qaray boshlagan Guvohga «boʻldi-da endi», deganday qarash qildi.

Bu orada bir bola kirib, kapitanga chipta berib ketdi. Kapitan chiptani shlyapaliga tutdi:
— Oq yoʻl, aka, toest, grajdanin, - dedi va yana bir bor ta’kidladi: - Chiptaning pulini mana bu schyotga bank orqali yoʻllang. Agar pulingizni topsak, sizga joʻnatamiz.

Shlyapali «rahmat-rahmat» degancha Guvohga bir olayib qoʻyib, tashqariga yugurdi.
— Menga qarang, hov... - Guvohning gapi yana ogʻzida qoldi.

Muloyimgina boʻlib yonboshiga suqilgan qorinamo munkayib kapitanga moʻltiradi:
— Meniyam pasportimni berasizmi, aka?

Kapitan avvaliga unga ham yer ostidan oʻqraydi.
— Aka?.. - Soʻng yuzi yorishib, nigohi mayinlashdi. - Siz kimsiz, qori aka?

Aytdi.
— Da’voingiz yoʻqmi?
— Yoʻq.
— Mana, pasportingiz. Oq yoʻl...

Qorinamo tashqariga yoʻnalarkan, Guvohga qarab, «uzr, birodar», dedi-yu tashqariga chiqib ketdi.

Kapitan Guvohga ruchka va qogʻoz uzatdi.
— Yozing!
— Nimani? - Guvoh xonada yolgʻiz oʻzi qolganidan boʻshashdi.
— Koʻrganlaringizni.

U yozish uchun stolga oʻtirganda, serjant bir-biriga juda-juda oʻxshagan ikki odamni yetaklab kirdi.
— Shubhali shaxslarni ushlab, keldim, oʻrtoq kapitan, - deya qoʻlini chakkasiga qoʻydi.
— Qanaqa shaxs-ey, aka?.. - deya siltandi qora charm kurtka kiygani.
— Aka onangizning quch... uyida boʻladi, grajdanin, - dedi serjant dona-dona qilib.

Charm kurtkali jim qolib, boshidan qora kepkasini oldi.

Oddiy qora kurtka va kepka kiygani esa xonadagilarning har biriga qarab-qarab qoʻyardi.
— Mana, hujjatlari, - deya serjant kapitanga bitta qogʻoz bilan pasport uzatdi.

Eshik oldida birin-ketin boʻlib, xiyol engashgan, koʻzlari jur’atsizlarcha moʻltiragan yigit bilan qiz paydo boʻldi.
— Guvohnomamizni bering, aka, - dedi yigit eshikdan ichkariga kirishga qoʻrqqanday, kesakini ushlab. - Yuklarning hammasini olib ketishdi.

Serjant ularni avvaliga eslolmadi, keyin yodiga tushib, kapitanga qaradi:
— Oʻrtoq nachalnik...

Gapi ogʻzida qoldi, kapitan ikkita guvohnomani uzatib turardi.
— Yaxshi! - dedi kapitan qoʻlidagi hujjatlarni koʻzdan kechirib. - Qani, ikkovingiz bir chetda yonma-yon turinglar-chi... Xoʻ-oʻsh... Ie, birimiz yaqinda ozod boʻpmiz-da, a? Birimiz esa... Guvoh!

Guvoh yozishdan toʻxtab, kapitanga oʻgirildi.
— Qani, diqqat bilan qarangchi, bularning qaysi biri siz aytgan odam?

U oʻrnidan turib, ikkoviga tikildi.

Shu payt charm kurtkali kapitan bilan serjantga birrov koʻz tashlab oldi-da, oʻng qoʻlini boʻgʻziga olib borib, koʻzlarini olaytirgancha «kallangni olaman», deganday ishora qildi.

Guvoh choʻchib ketdi, koʻzlari ayanchli tusga kirib, magʻrur yelkalari shalviradi.

Bu orada oddiy kurtkali yonidagi odamga hayron boʻlib bir qarab qoʻydi.
— Bilmadim-u... Menimcha... - Guvoh yer ostidan oddiy kurtkaliga ishora qildi.
— Siz yozavering! - dedi kapitan uni oʻtirishga undab.

Guvoh joyiga oʻtirdi. Vujudini ter bosdi. Diplomatini ochib, kattakon dastroʻmol oldi-da, yuz va boʻynini artdi.
— Sizga ruxsat, - dedi, kapitan charm kurtkaliga pasportini uzatib. - Ketishingiz mumkin.

Charm kurtkali avval kapitanga egilib rahmat aytdi, keyin Guvohga qayrilib:
— Rahmat-ey, aka, oʻgʻil bola odamakansiz, - dedi-yu gʻoyib boʻldi.
— Bunisini esa kerakli joyga olib chiqing! - buyurdi kapitan serjantga.

Oddiy kurtkali serjant yetovida eshikka yurarkan, yosh toʻlgan nafratli koʻzlarini Guvohga tikdi, tishlari orasidan dedi:
— Hali bolalarimni koʻrmovdim... Insofsiz odam ekansiz?

Guvohning ovozi ham titray boshlagandi:
— Nima boʻlyapti, oʻzi, oʻr?..

Kapitan unga parvo ham qilmay, stul suyanchigʻiga yastanib, qoʻllarini tepaga qildi va barmoqlarini bir-biriga qovushtirdi-da, qisirlatdi, astoydil kerishgach, keskin nafas chiqarib, shuning asnosida qoʻllarini siltadi, soʻng stol chetiga tiradi.
— Yozib boʻldingizmi?
— Hmm... - U boʻshashib qogʻoz va ruchkani kapitanga berdi.

Tashqaridan tanish ovoz eshitildi:
— Ehtiyot boʻling, birinchi yoʻldan «Toshkent-Andijon» poezdi joʻnab ketmoqda.

U kapitanga qarab iltijoli moʻltiradi. Kapitan pasportini koʻzdan kechirardi.
— Sizning poezdingizmi?
— Hmm... - Uning yuzi battarroq ayanchli tus oldi, hatto oppoq ohorli koʻylagining qirrali yoqalari ham shalvirab qolganday tuyuldi.
— Jim yursangiz boʻlmaydimi, aka, - dedi nastihatomuz xoʻrsinib kapitan. - Bugun endi shu yerda qolasiz...

Guvohning koʻzlari rostmona yoshlandi.
— Unday demang, aka... Oʻrtoq kapitan! - deya yolvordi.

Bir xoʻrsinib qoʻygan kapitan «insofga keldi»:
— Hozir fermerlarni hurmat qilmasak, kimni hurmat qilamiz. Mayli, sizga ham ruxsat. Faqat kerak boʻlib qolsangiz, chaqiramiz, tushundingizmi? - dedi pasportini uzatib.
— Tushundim-tushundim... - U pasportini olarkan, kapitanning qoʻlini oʻpib olishiga sal qoldi. - Rahmat... Rahmat, oʻrtoq kap...
— Oq yoʻl, aka... - Kapitan boshini koʻtarib, jilmaydi. - Oq yoʻl!..

Guvoh diplomatini koʻtarib, eshik tomon chopdi.
— Ehtiyot boʻling, birinchi yoʻldan «Toshkent-Andijon» poezdi joʻnab ketmoqda...

25.09.2010 - 01.11.2010.